Xudo azalda osmon bilan yerni yaratdi. Yer ayqash–uyqash bo‘lib, tubsiz dengizlar ustini zulmat qoplagan edi. Xudoning Ruhi suvlar uzra yurardi. Xudo: “Yorug‘lik bo‘lsin”, deb amr bergan edi, yorug‘lik paydo bo‘ldi. Xudo yorug‘likning ajoyib ekanini ko‘rib, yorug‘likni qorong‘ilikdan ajratdi. Xudo yorug‘likni kunduz, qorong‘ilikni tun, deb atadi. Kech kirib, tong otdi. Birinchi kun o‘tdi. Shunda Xudo: “Suvlarni bir–biridan ajratib turadigan gumbaz paydo bo‘lsin”, deb amr qildi. Shunday ham bo‘ldi: Xudo gumbazni yaratib, gumbazning ostidagi suvlardan gumbaz ustidagi suvlarni ajratdi. Xudo gumbazga osmon, deb nom berdi. Kech kirib, tong otdi. Ikkinchi kun o‘tdi. Keyin Xudo: “Osmon ostidagi suvlar bir joyga to‘planib, quruq yer paydo bo‘lsin”, deb amr qildi. Shunday ham bo‘ldi. Xudo quruqlikka yer, deb nom berdi. Bir joyga yig‘ilgan suvlarni esa dengizlar, deb atadi. Xudo buning ajoyib ekanini ko‘rdi. So‘ngra Xudo shunday amr berdi: “Yerda o‘t–o‘lan ko‘karsin. Don beradigan har xil o‘simliklar, ichida danagi bor har xil mevali daraxtlar o‘ssin.” Shunday ham bo‘ldi. Yerda o‘t–o‘lan ko‘kardi, don beradigan har xil o‘simliklar, ichida danagi bor har xil mevali daraxtlar o‘sdi. Xudo bularning ham ajoyib ekanini ko‘rdi. Kech kirib, tong otdi. Uchinchi kun o‘tdi. Keyin Xudo shunday amr qildi: “Kunduzni tundan ajratish uchun osmon gumbazida yoritqichlar paydo bo‘lsin. Bular kunlarning, yillarning, nishonlanadigan bayramlarning vaqtini ko‘rsatsin. Bu yoritqichlar osmon gumbazida nur sochib, yerga yorug‘lik bersin.” Shunday ham bo‘ldi. Xudo ikkita katta yoritqichni — quyosh va oyni yaratdi: kunduzi nur sochib turishi uchun kattaroq yoritqich — quyoshni, tunda nur sochib turishi uchun kichikrog‘i — oyni yaratdi. Shuningdek, Xudo yulduzlarni ham yaratdi. [17-18] Bu yoritqichlar yerga yorug‘lik bersin, kunduz va tun ustidan hukmronlik qilsin, yorug‘likni qorong‘ilikdan ajratib tursin, deb Xudo bularni osmon gumbaziga joylashtirdi. Xudo buning ajoyib ekanini ko‘rdi. *** Kech kirib, tong otdi. To‘rtinchi kun o‘tdi. Keyin Xudo shunday amr berdi: “Suv har xil tirik jonivorlar bilan to‘lib–toshsin, qushlar paydo bo‘lib, havoda parvoz qilsin.” Shunday qilib, Xudo bahaybat dengiz maxluqlarini va suvda suzuvchi turli–tuman jonivorlarni, har turli qushlarni yaratdi. Xudo buning ham ajoyib ekanini ko‘rdi. Shunda Xudo bularning hammasiga marhamat qilib dedi: “Baliqlar va qushlar serpusht bo‘lib, ko‘paysin. Dengizlar baliqlar bilan to‘lib–toshsin, yer uzra qushlar ko‘paysin.” Kech kirib, tong otdi. Beshinchi kun o‘tdi. So‘ngra Xudo: “Yer turli–tuman jonzotlarni — chorvani, sudralib yuruvchi jonivorlarni, har turli yovvoyi hayvonlarni paydo qilsin”, deb amr qildi. Shunday ham bo‘ldi. Xudo har turli yovvoyi hayvonlarni, chorvaning har xil turlarini, yer yuzida sudralib yuruvchi jonivorlarning va hasharotlarning har xil turlarini yaratdi. Xudo buning ajoyib ekanini ko‘rdi. Keyin Xudo shunday dedi: “Endi inson zotini yarataylik, ular O‘z suratimizday, O‘zimizga o‘xshagan bo‘lsin. Inson zoti dengizdagi baliqlar ustidan, osmondagi qushlar, yer yuzidagi chorva hamda jamiki yovvoyi hayvonlar, yerda sudralib yuruvchi har qanday jonivor va hasharotlar ustidan hukmronlik qilsin.” Shunday qilib, Xudo O‘z suratiday qilib yaratdi inson zotini. Erkagu ayol qilib yaratdi ularni. Xudo insonlarga marhamat qilib, aytdi: “Uvali–juvali bo‘linglar, yer yuzini to‘ldirib, itoat ettiringlar, dengizdagi baliqlar ustidan, osmondagi qushlaru yer yuzida yashovchi har turli jonivorlar ustidan hukmronlik qilinglar.” Xudo yana aytdi: “Mana, sizlarga butun yer yuzidagi har xil donli o‘simliklarni va mevali daraxtlarni berdim. Sizlar bulardan yegulik uchun foydalanasizlar. Yer yuzidagi jamiki tirik jonzotlarga — hamma hayvonlarga, hamma qushlarga yemish qilib ko‘k o‘t–o‘lanni berdim.” Shunday ham bo‘ldi. Xudo O‘zi yaratgan hamma narsaga nazar soldi. Bular juda ajoyib edi. Kech kirib, tong otdi. Oltinchi kun o‘tdi. Shunday qilib, osmon bilan yer hamda ulardagi jamiki narsalar yaratildi. Yettinchi kuni Xudo hamma ishlarini bitirib, dam oldi. Xudo yettinchi kuni barcha yaratish ishlaridan dam olgani uchun, bu kunni muborak qilib, muqaddas, deb boshqa kunlardan ajratdi. Osmon bilan yerning yaratilishi ana shulardan iboratdir. Parvardigor Egamiz osmon bilan yerni yaratgan paytda yer yuzida na biron o‘t, na biron giyoh ungan edi. Chunki Parvardigor Egamiz hali yerga yomg‘ir yog‘dirmagan, yerga ishlov beradigan biron kimsa yaratmagan edi. Lekin yer ostidan suv chiqib, butun yer yuzini sug‘orardi. Shundan keyin Parvardigor Egamiz yerning tuprog‘idan odamni yasadi va uning burun teshigidan puflab, jon ato etdi. Shunday qilib, odam tirik jon bo‘ldi. Parvardigor Egamiz sharqda — Adan degan joyda bog‘ barpo qilib, O‘zi yaratgan odamni o‘sha boqqa qo‘ydi. Keyin Parvardigor Egamiz yerdan chiroyli, lazzatli meva beradigan har xil daraxtlarni o‘stirdi. Bog‘ning o‘rtasiga hayot ato etuvchi daraxtni va yaxshilik bilan yomonlikni bilish daraxtini qo‘ydi. Adandan bir daryo oqib kelib, bog‘ni sug‘oradi va o‘sha yerda to‘rtta irmoqqa bo‘linadi. Birinchi irmoqning nomi Pishon bo‘lib, butun Xavila yeri bo‘ylab oqadi. Bu joyda oltin bor. O‘sha yerning oltini juda ham tozadir. U yerda marvarid va aqiq toshlar ham bor. Ikkinchi irmoqning nomi Gixo‘n bo‘lib, butun Kush yeri bo‘ylab oqadi. Uchinchi irmoqning nomi Dajla bo‘lib, Ossuriya shahrining sharqidan oqib o‘tadi. To‘rtinchi irmoqning nomi Furotdir. Shunday qilib, Parvardigor Egamiz, bu odam boqqa ishlov bersin, parvarish qilsin, deb uni Adan bog‘iga joylashtirdi. Parvardigor Egamiz unga shunday amr qildi: “Sen bog‘dagi hamma daraxtning mevasidan bemalol tanovul qilaver. Lekin yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan, undan yeyishing bilanoq, shubhasiz, o‘lasan.” So‘ngra Parvardigor Egamiz: “Odamning yolg‘iz bo‘lishi yaxshi emas, unga munosib sherik yarataman”, dedi. Shunday qilib, Parvardigor Egamiz tuproqdan har xil hayvonlarni va har xil qushlarni yaratdi. Xudo: “Bu jonivorlarni odam ko‘rib qanaqa nom berarkin”, deya ularni odamning oldiga olib keldi. Odam har bir jonivor uchun nom tanladi. Odam hamma chorvaga, qushlarga va yovvoyi hayvonlarga nom berdi. Lekin hamon unga munosib sherik yo‘q edi. Shu boisdan Parvardigor Egamiz odamni qattiq uxlatib qo‘ydi. Odam uxlab yotganda, Xudo uning qovurg‘asidan bittasini oldi va qovurg‘aning o‘rniga et qopladi. Parvardigor Egamiz odamning qovurg‘asidan xotin kishini yaratdi va uni odamning oldiga olib keldi. Shunda odam aytdi: “Nihoyat, bu mening suyaklarimdan paydo bo‘lgan suyakdir, Mening etimdan yaralgan etdir. U Xotin, deb atalgay, Chunki u erkakdan yaratilgandir.” Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo‘lak chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar. Odam bilan xotini qip–yalang‘och yurardilar, bir–birlaridan uyalish hissini sezmasdilar. Parvardigor Egamiz hamma yovvoyi hayvonlarni ham yaratgan edi. O‘sha hayvonlar orasida ancha ayyori ilon edi. Ilon xotindan: — Haqiqatan ham Xudo, bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi? — deb so‘radi. Xotin ilonga: — Yo‘g‘–e, biz bog‘dagi hamma daraxtlarning mevasidan yeyishimiz mumkin, — deb javob berdi. — Lekin Xudo, bog‘ o‘rtasidagi daraxtning mevasidan yemanglar ham, tegmanglar ham, yesalaringiz o‘lasizlar, deb aytgan. Ilon esa xotinga: — Yo‘q, o‘lmaysizlar, — dedi. — Chunki Xudo biladiki, sizlar bu mevalardan yesalaringiz, ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar. Xotin qarasaki, o‘sha daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinadi, mevalari juda yeyishli ekan. Xotin: “Qani, endi mevalar menga donolik ato qilsaydi”, deb orzu qildi. U daraxtning mevasidan olib yedi, keyin yonida turgan eriga ham berdi. Eri ham yedi. O‘sha zahoti ikkovining ham ko‘zlari ochilib, ular yalang‘och ekanliklarini anglab yetdilar, anjir barglarini sonlari atrofiga tizib, o‘zlariga yopinchiq yasadilar. Oqshom payti shabada esib turganda, ikkovi bog‘da Parvardigor Egamizning yurganini bildi. Odam va xotini Parvardigor Egamizning nazaridan qochib, bog‘dagi daraxtlar orasiga yashirindilar. Parvardigor Egamiz: “Qayerdasan, ey, odam?” deb chaqirdi. Odam: — Men bog‘da yurganingni bildim–u, yalang‘och bo‘lganim uchun qo‘rqib, yashirindim, — dedi. — Yalang‘och ekaningni senga kim aytdi? — deb so‘radi Xudo. — Men, yemanglar, deb amr etgan daraxtning mevasidan yedingmi? Odam javob berdi: — O‘zing menga bergan xotin o‘sha daraxtning mevasidan menga olib kelgan edi, men ham yedim. Shunda Parvardigor Egamiz xotinga: — Bu nima qilganing? — dedi. — Ilon meni aldadi, men mevadan yedim, — dedi xotin. Parvardigor Egamiz ilonga shunday dedi: “Shu qilmishlaring uchun La’nati bo‘lgaysan barcha jonzotlar orasida Va jamiki yovvoyi hayvonlar orasida. Qorning bilan sudralib yurgaysan, Umring bo‘yi tuproq yegaysan. Dushmanlik paydo qilaman sen bilan xotin o‘rtasida, Sening zoting bilan uning zoti orasida. Uning zoti ezib tashlaydi sening boshingni, Sen chaqib olasan uning tovonini.” Xotinga esa shunday dedi: “Homiladorligingda g‘oyat azob beraman, Mashaqqat ila bola tug‘asan. Ammo eringni qo‘msayverasan, Ering esa hokim bo‘ladi sening ustingdan.” Parvardigor Egamiz odamga shunday dedi: “Xotiningning gapiga kirganing uchun, Men, yema, deb taqiqlagan mevani yeganing uchun, Sen tufayli yerni la’nati qildim. Butun umring bo‘yi timdalab yerni, Yerdan o‘tkazasan tirikchiligingni. Yerning hosili yemishing bo‘lsa ham, Yer sen uchun tikanlaru qushqo‘nmas o‘stiradi. Sen tuproqdan yaralgansan, To tuproqqa qaytguningga qadar, Peshana tering bilan non yeysan. Zero, sen tuproqdirsan Va tuproqqa qaytasan.” Xotin jamiki insonlarning onasi bo‘lgani uchun, Odam Ato unga Momo Havo, deb ism berdi. Odam Ato va uning xotini uchun Parvardigor Egamiz teridan kiyim–kechak yasab, ularni kiyintirib qo‘ydi. Keyin Parvardigor Egamiz shunday dedi: “Mana, inson hamma narsani — yaxshilik va yomonlikni bilib, bizning bittamizga o‘xshab qoldi. Endi u qo‘lini uzatib, hayot ato etuvchi daraxt mevasidan ham olmasin, mevani yeb, abadiy yashaydigan bo‘lib qolmasin.” Shu sababdan Parvardigor Egamiz Odam Atoni va Momo Havoni Adan bog‘idan chiqarib yubordi. U Odam Atoni yerning tuprog‘idan yasagan edi, unga yana o‘sha yerni ishlashga berdi. U Odam Atoni haydab yuborgandan keyin, hayot daraxtiga boradigan yo‘lni qo‘riqlash uchun Adan bog‘ining sharq tomoniga qanotli mavjudotlar — karublarni va doimo aylanib turadigan alangali qilichni o‘rnatdi. Odam Ato xotini Momo Havoga yaqinlashgandan keyin, Momo Havo homilador bo‘ldi. Momo Havo o‘g‘il ko‘rdi va: “Xudoning qudrati bilan o‘g‘il topdim”, deb nomini Qobil qo‘ydi. Keyinroq Momo Havo ikkinchi o‘g‘lini tug‘di va unga Hobil, deb ism qo‘ydi. Bolalar ulg‘ayib, Hobil — qo‘ychivon, Qobil — dehqon bo‘ldi. Vaqti kelib, Qobil yerning hosilidan Egamizga nazr olib keldi. Hobil ham suruvidagi birinchi tug‘ilgan qo‘zilardan bittasini tanlab olib, so‘ydi va qo‘zining yog‘li joylarini Egamizga nazr qilib olib keldi. Egamiz Hobilni va uning nazrini manzur ko‘rdi, lekin Qobilning o‘zi ham, uning nazri ham ma’qul bo‘lmadi. Qobil qattiq xafa bo‘lib, qovog‘ini soldi. Shunda Egamiz Qobilga dedi: “Nega xafa bo‘lding? Nimaga qovog‘ingni solding? Agar sen to‘g‘ri ish qilsang, seni qabul qilmasmidim?! Bilginki, yomon ish qilsang, eshigingda gunoh poylab turadi, sherga o‘xshab tashlanib, seni o‘lja qilmoqchi bo‘ladi. Gunoh sening ustingdan hukmron bo‘lishni istaydi. Lekin gunohni sen mag‘lub qilishing kerak.” Qobil ukasi Hobilga: “Yur, dalaga boramiz”, deb taklif qildi. Ular dalaga borganlarida, Qobil ukasiga tashlanib, uni o‘ldirdi. Egamiz Qobildan: “Ukang Hobil qayerda?” — deb so‘radi. — Bilmayman, nima, ukam qayerga borsa, men uning qadamini o‘lchab yurishim kerakmi?! — deb e’tiroz bildirdi. Shunda Egamiz: — Nima qilib qo‘yding?! — dedi. — Eshitib ol: ukangning qoni Menga yerdan faryod qilmoqda. Ukangning qoni bilan yerni bulg‘aganing uchun, endi la’nati bo‘lasan, yerga hech qachon ishlov berolmaysan. Yerga qanchalik jon kuydirib ishlov bermagin, yer sen uchun boshqa mo‘l hosil yetishtirmas. Hozirdan boshlab sen yer yuzida doimo bir joydan boshqa joyga qochib, boshpanasiz, daydib yurasan. Qobil Egamizga: — Jazoyim shunchalik og‘irki, bir o‘zim ko‘tara olmayman, — deb javob berdi. — Bugun Sen meni yerimdan haydading. Endi men Sendan uzoq bo‘lib yashayman, yer yuzida sarson–sargardon bo‘lib, qochib yuraman. Endi meni birortasi uchratib qolib, o‘ldirib qo‘yishi mumkin. Shunda Egamiz: — Yo‘q, hech kim seni o‘ldirmaydi! — deb javob berdi Qobilga. — Kim seni o‘ldirsa, undan yetti karra o‘ch olaman. Shunday qilib, Egamiz, Qobilni birov urib o‘ldirib qo‘ymasin, deb unga tamg‘a qo‘ydi. So‘ngra Qobil Egamizdan uzoqlashib ketdi va Adanning sharqidagi Nod degan yerga o‘rnashdi. Qobilning xotini homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. O‘g‘liga Xano‘x, deb ism qo‘ydilar. Qobil bir shahar qurdi va shaharga o‘g‘lining otini berib, Xano‘x, deb atadi. Xano‘x bir o‘g‘il ko‘rib, ismini Irod qo‘ydi. Iroddan — Maxuvol, Maxuvoldan — Matushol, Matusholdan — Lamex degan o‘g‘illar tug‘ildi. Lamex ikkita xotin oldi. Bittasining ismi Oida, boshqasiniki Zillo edi. Oida bir o‘g‘il ko‘rib, ismini Yobol qo‘ydi. Chodirlarda yashaydigan cho‘ponlarning ota–bobosi Yobol bo‘ldi. Ukasining ismi Yuval edi. Yuval lira va nay chaluvchi sozandalarning ota–bobosi bo‘ldi. Zillo ham bir o‘g‘il ko‘rib, ismini Tuvalqobil qo‘ydi. Tuvalqobil birinchi bo‘lib bronza va temir asboblar yasagan edi. Tuvalqobilning Namax degan singlisi bor edi. Lamex xotinlariga dedi: “Oida va Zillo, menga quloq solinglar. Ey, xotinlarim! Gapimni eshitinglar! Bir odamni o‘ldirdim meni yaralagani–chun, Yana yosh yigitni o‘ldirdim meni urgani–chun. Qobilni o‘ldirgandan yetti karra o‘ch olinsa, Lamexni o‘ldirgandan yetmish yetti karra o‘ch olinur.” Odam Ato bilan xotini yana bir o‘g‘il ko‘rdilar. Momo Havo: “Qobil o‘ldirgan Hobilning o‘rniga Xudo boshqa farzand berdi”, deb ismini Shis qo‘ydi. Shis ulg‘ayib, u ham bir o‘g‘il ko‘rdi va ismini Eno‘sh qo‘ydi. O‘sha paytda odamlar endi Egamizga sajda qila boshlagan edilar. Odam Atoning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir. Xudo inson zotini yaratganda, ularni O‘ziga o‘xshagan qilib yaratgan edi. Xudo insonlarni erkak va ayol qilib yaratdi. Xudo ularni yaratgandan keyin Inson, deb nom qo‘yib, ularga baraka berdi. Odam Ato 130 yoshida o‘g‘il ko‘rgan edi. O‘g‘li otasining suratiday bo‘lib, unga o‘xshagan edi. Odam Ato o‘g‘liga Shis, deb ism qo‘ygan edi. Shis tug‘ilgandan keyin, Odam Ato 800 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Odam Ato 930 yoshida olamdan o‘tdi. Shis 105 yoshida o‘g‘li Eno‘shni ko‘rgan edi. Eno‘sh tug‘ilgandan keyin, Shis 807 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Shis 912 yoshida olamdan o‘tdi. Eno‘sh 90 yoshida o‘g‘li Xenanni ko‘rdi. Xenan tug‘ilgandan keyin, Eno‘sh 815 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Eno‘sh 905 yoshida olamdan o‘tdi. Xenan 70 yoshida o‘g‘li Maxaliyolni ko‘rdi. Maxaliyol tug‘ilgandan keyin, Xenan 840 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Xenan 910 yoshida olamdan o‘tdi. Maxaliyol 65 yoshida o‘g‘li Yoredni ko‘rdi. Yored tug‘ilgandan keyin, Maxaliyol 830 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Maxaliyol 895 yoshida olamdan o‘tdi. Yored 162 yoshida o‘g‘li Xano‘xni ko‘rdi. Xano‘x tug‘ilgandan keyin, Yored 800 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Yored 962 yoshida olamdan o‘tdi. Xano‘x 65 yoshida o‘g‘li Matushalohni ko‘rdi. Matushaloh tug‘ilgandan keyin, Xano‘x 300 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. U umr bo‘yi Xudoga hamroh bo‘lib yashadi. Xano‘x 365 yil umr ko‘rdi. U butun umri davomida Xudoga hamroh bo‘lib yashab, oxiri, birdaniga g‘oyib bo‘lib qoldi, chunki Xudo uni olib ketgan edi. Matushaloh 187 yoshida o‘g‘li Lamakni ko‘rdi. Lamak tug‘ilgandan keyin, Matushaloh 782 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Matushaloh 969 yoshida olamdan o‘tdi. Lamak 182 yoshida bir o‘g‘il ko‘rdi. Lamak: “ Egamiz bu yerni la’natlagan, endi yerga ishlov berganimizda, og‘ir ishlarimizni shu bola yengillashtirsin”, deb o‘g‘lining otini Nuh qo‘ydi. Nuh tug‘ilgandan keyin, Lamak 595 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Lamak 777 yoshida olamdan o‘tdi. Nuh 500 yoshdan o‘tgandan keyin Som, Xom va Yofas degan o‘g‘illarini ko‘rdi. Yer yuzida insonlar borgan sari ko‘paya boshladi. Qizlar ham tug‘ilgan edi. Ilohiy zotlar, bu qizlar chiroyli ekan, deb yoqtirganlarini o‘zlariga xotin qilib olaverdilar. Shunda Egamiz aytdi: “Men ato etgan Ruh insonlar bilan abadiy qolmaydi, chunki ular o‘ladigan jonlardir. Kelgusida ular 120 yil umr ko‘rsin.” O‘sha kunlarda, undan keyin ham bu olamda ulkan pahlavonlar yashadi. Ilohiy zotlar bilan ayol zotidan tug‘ilgan bu pahlavonlar qadimgi davrning buyuk qahramonlari, mashhur jangchilari bo‘lgan edilar. Egamiz ko‘rdiki, yer yuzida inson zoti qilayotgan qabihliklar juda ham ko‘p ekan. Ularning ko‘nglida faqat qabih niyat bor ekan. U yer yuzida insonlarni yaratganidan pushaymon bo‘ldi, yurakdan afsuslandi. Egamiz aytdi: “O‘zim yaratgan inson zotini yer yuzidan qirib yuboraman. Men inson bilan birga hayvonlarni, sudralib yuruvchi jonivorlarni, hasharotlarni, qushlarni ham qiraman, ularni yaratganimdan pushaymon bo‘lyapman.” Faqat Nuh Egamizning marhamatiga sazovor bo‘lgan edi. Nuhning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir. O‘sha davrda yer yuzidagi solih, benuqson odam faqat Nuh bo‘lib, Xudoga hamroh bo‘lib yashardi. Nuhning Som, Xom, Yofas degan uchta o‘g‘li bor edi. Endilikda yer yuzi Xudoning oldida axloqsizlikka, zo‘ravonlikka to‘lib–toshib ketgan edi. Xudo ko‘rdiki, olam buzilib ketgan, yer yuzidagi jamiki insoniyat yo‘ldan ozgan edi. Xudo Nuhga aytdi: “Men butun yer yuzidagi insonlarni qirib tashlashga qaror qildim. Chunki yer yuzi ularning dastidan zo‘ravonlikka to‘lib–toshdi. Endi ularni butun yer bilan birga yo‘q qilmoqchiman. O‘zingga yaxshi qattiq yog‘ochdan kema yasa, kemaning ichida xonalar ham yasab, kemaning ichi–tashini qora saqich bilan suvab chiq. Kemaning uzunligi 300 tirsak, kengligi 50 tirsak, balandligi 30 tirsak bo‘lsin. Kemaning tomini yasaganingda, tom bilan kemaning devori oralig‘ida bir tirsak ochiq joy qoldir. Eshigini kemaning yon tomonidan yasa. Kemani uch qavatli qilib yasa. Men yer yuzini to‘fonga bostirib, har qanday tirik jonzotni qirib tashlayman. Yer yuzidagi hamma narsa nobud bo‘ladi. Sen bilan esa Men ahd qilaman. Sen kema ichiga kirasan, sen bilan birga o‘g‘illaring, xotining, kelinlaring ham kiradi. Hayvonlarning har bir turidan bir juftdan — erkagi va urg‘ochisidan kema ichiga o‘zing bilan olib kirasan, toki to‘fon paytida ular sen bilan birga tirik qolsin. Qushlarning, hayvonlarning, sudralib yuruvchi jonivorlarning va hasharotlarning har bir turidan juft–juft qilib, o‘zing bilan olib kirasan, toki ular tirik qolsin. O‘zing bilan oziq–ovqatlarning har bir turidan g‘amlab ol. Oziq–ovqatlar oilang bilan barcha jonzotlarga yegulik bo‘ladi.” Nuh hamma narsani Xudo amr etganday qildi. Nihoyat, vaqti kelib, Egamiz Nuhga aytdi: “Sen butun oila a’zolaring bilan kema ichiga kir. Yer yuzidagi xalqlar orasida Mening oldimda solih bo‘lib yurganlardan faqat seni topdim, xolos. O‘zing bilan halol hayvonlarning urg‘ochi va erkagidan yetti juft, harom hayvonlarning urg‘ochi va erkagidan esa bir juft ol. Qushlarning har bir turidan — erkagi va urg‘ochisidan ham yetti juft tanlab ol, toki butun yer yuzida bu jonzotlarning turlari saqlanib qolsin. Yetti kundan keyin, men yer yuziga qirq kechayu qirq kunduz davomida yomg‘ir yog‘diraman. O‘zim yaratgan har bir tirik narsani yer yuzidan yo‘q qilaman.” Nuh hammasini Xudo amr etganday qildi. Yer yuzini to‘fon bosganda, Nuh 600 yoshda edi. Nuh bilan birga o‘g‘illari, xotini, kelinlari to‘fondan omon qolish uchun kemaning ichiga kirdilar. Halol va harom hayvonlardan, qushlardan, yerda sudralib yuruvchi jonivorlardan, hasharotlardan har biri — erkak va urg‘ochisi juft–juft bo‘lib Nuh bilan birga kemaga kirdi. Zotan, Xudo Nuhga shunday amr qilgan edi. Yetti kundan keyin yer yuzini to‘fon bosa boshladi. Nuh 600 yoshga kirganda, ikkinchi oyning o‘n yettinchi kuni yer ostidagi buloqlar otilib chiqdi, osmonning qopqalari ochildi. [12-13] Ayni o‘sha kuni Nuh bilan birga uning o‘g‘illari Som, Xom va Yofas, xotini va uchala kelini kema ichiga kirdilar. Qirq kechayu qirq kunduz tinmay yomg‘ir yog‘di. *** Ular bilan birga yovvoyi hayvonlardan, chorvadan, yerda sudralib yuruvchi hamma jonivor va hasharotlardan, qushlardan — hammasining har bir turidan kemaga kirdi. Bu tirik jonzotlar ikkita–ikkitadan bo‘lib Nuh bilan birga kemaga kirdi. Xudo Nuhga amr qilganday, hamma jonivorlarning erkak va urg‘ochisi kemaga kirib bo‘lgach, Egamiz Nuhning orqasidan eshikni yopdi. Yer yuzida qirq kun davomida to‘fon bo‘lib, suv yerni ko‘mdi, kemani yerdan yuqori ko‘tardi. Suv yer ustida tobora ko‘payib borar, kema suv yuzida suzardi. Suv yer yuzida shunchalik to‘lib–toshdiki, baland tog‘lar ham ko‘milib ketdi. Suv tog‘lardan o‘n besh tirsak balandlikka ko‘tarildi. Yer yuzida yurgan jamiki jonzot — qushlar, chorva, yovvoyi hayvonlar, uymalashib yurgan jonivorlar, inson zoti nobud bo‘ldi. Quruq yer ustida yashab turgan hamma tirik jonzot nobud bo‘ldi. Yer yuzidagi har qanday jonzotni — insonlarni, hayvonlarni, sudralib yuruvchi jonivorlarni, hasharotlarni, qushlarni Xudo yo‘q qilib yubordi, hammasi yer yuzidan qirilib ketdi. Faqat Nuh va u bilan birga kemada bo‘lganlargina tirik qoldilar, xolos. Suv 150 kun davomida yer yuzini qoplab turdi. Xudo Nuhni va u bilan kemada birga bo‘lgan barcha jonzotlarni esdan chiqarmagan edi. Xudo yer uzra shabada estirgan edi, suv pasaya boshladi. Yer ostidagi buloqlar, osmonning qopqasi berkildi, qattiq quyayotgan jala to‘xtadi. Suv asta–sekin yer yuzida kamaya boshladi. Nihoyat, 150 kundan keyin suv ozaydi. Yettinchi oyning o‘n yettinchi kuni kema Ararat tog‘i cho‘qqilariga tiralib to‘xtab qoldi. O‘ninchi oygacha suv kamayib boraverdi. Nihoyat, o‘ninchi oyning birinchi kuni tog‘ cho‘qqilari ko‘rindi. Yana qirq kun o‘tgach, Nuh kemaning darchasini ochdi–da, qarg‘ani chiqarib yubordi. Yer yuzidagi suv quriguncha, qarg‘a u yoqdan–bu yoqqa uchib yuraverdi. Endi Nuh yer yuzidagi suv quriganini bilish uchun kemadan kaptarni uchirib yubordi. Hali yer yuzini suv bosib yotgani uchun, kaptar qo‘ngani joy topolmay, kemaga — Nuhning yoniga qaytib keldi. Nuh kaptarni ushlab, ichkariga oldi. Yetti kundan keyin Nuh yana kaptarni kemadan uchirdi. Kechga yaqin kaptar uning yoniga qaytib keldi. Kaptarning tumshug‘ida yangi o‘sib chiqqan zaytun bargi bor edi. Nuh bildiki, yer yuzidagi suv pasayibdi. Nuh yana yetti kunni o‘tkazib, kaptarni uchirib yubordi. Kaptar Nuhning yoniga boshqa qaytib kelmadi. Nuh 601 yoshga kirganda, birinchi oyning birinchi kunida yer yuzidagi suv quriy boshladi. Nuh kemaning qopqog‘ini ochib qarab, ko‘rdiki, yer yuzi quriyotgan ekan. Nihoyat, ikkinchi oyning yigirma yettinchi kuni yer butunlay qup–quruq bo‘ldi. Keyin Xudo Nuhga shunday dedi: “Kemadan chiq, xotining, o‘g‘illaring, kelinlaring ham sen bilan birga kemadan chiqishsin. O‘zing bilan birga hamma tirik jonzotlarni — qushlaru hayvonlarni, sudralib yuruvchi jonivorlarni, hasharotlarni ham olib chiq, toki ular yer yuzida serpusht bo‘lib, ko‘payib, g‘ij–zij qaynasin.” Shunday qilib, Nuh o‘g‘illarini, xotini va kelinlarini boshlab, kemadan tashqariga chiqdi. Hamma hayvonlar, sudralib yuruvchi jonivorlar, hasharotlar, qushlar — yerda yashaydigan jamiki jonzotlar ham o‘z jufti bilan kemadan chiqdi. So‘ngra Nuh Egamizga atab qurbongoh qurdi. So‘ng har bir halol hayvondan va halol qushdan olib, qurbongoh ustida ularni qurbonlik qilib kuydirdi. Egamiz qurbonlikning xushbo‘y hididan mamnun bo‘lib, O‘ziga O‘zi dedi: “Insonning ko‘nglida bolaligidanoq qabih niyat bo‘lsa ham, Men bundan buyon hamma tirik jonzotni oldin qilganimday qirib tashlamayman. Inson tufayli butun dunyoni la’natlamayman. Bu olam turar ekan, bahorda ekin ekish, kuzda o‘rim–yig‘im, yoz va qish, sovuq va issiq, kunduz va tun bo‘laveradi.” Xudo Nuh bilan uning o‘g‘illariga marhamat qilib, ularga dedi: “Uvali–juvali bo‘linglar, yer yuzini to‘ldiringlar. Yer yuzidagi jamiki hayvonlar, osmondagi hamma qushlar, yerda sudralib yuruvchi jonivor va hasharotlarning hammasi, dengizdagi hamma baliqlar sizlardan qo‘rqib, hurkadigan bo‘ladi. Bularning hammasi ustidan sizlar hukmron bo‘lasizlar. O‘tni va sabzavotlarni sizlarga yemish qilib berganim singari, hamma tirik jonzotlarni ham sizlar uchun yemish qilib beraman. Lekin etni qoni bilan yemaysizlar. Qonda jon bo‘lgani uchun, Men buni taqiqlayman. Qotillik jazolanadi. Insonning jonini olgan insondan Men xun talab qilaman, insonni o‘ldirgan har qanday hayvon o‘ldirilishi lozim. Kimki inson qonini to‘ksa, Uning qonini ham inson to‘kur. Zero, inson zotini Men, Xudo, Yaratgandir O‘z suratimda. Barakali bo‘lib ko‘payinglar, yer yuzida to‘lib–toshib, tobora ortib boringlar.” Xudo Nuh bilan uning o‘g‘illariga yana gapirdi: “Men endi sizlar bilan va sizlarning avlodingiz bilan ahd qilaman. Sizlar bilan kemadan chiqqan hamma tirik jonzotlar — qushlar, chorva, yer yuzida yashovchi hamma jonivorlar bilan ham ahd qilaman. Sizlar bilan qat’iy ahd qilaman: bundan buyon barcha jonzot to‘fon tufayli qirilib ketmaydi, yer yuzini qirib bitiradigan to‘fon boshqa hech qachon bo‘lmaydi, deb va’da beraman. Sizlar bilan, jamiki tirik jonzotlar bilan qilayotgan abadiy ahdimning alomati shu bo‘ladi: Men bulutlar orasida O‘z kamalagimni hosil qilaman. Bu kamalak Mening olam ahli bilan qilgan ahdimning alomati bo‘ladi. Men bulutlarni yer ustiga olib kelganimda, kamalak bulutlar orasida ko‘rinib turadi. Ana o‘shanda Men O‘zim bilan sizlar va hamma tirik jonzotlar o‘rtasida qilgan ahdimni yodimda tutaman. To‘fon endi hech qachon jamiki jonzotlarni yo‘q qilmaydi. Kamalak bulutlar orasida turganda, Men kamalakni ko‘rib, yer yuzidagi tirik jonzotlar bilan O‘zim qilgan abadiy ahdimni yodimda tutaman.” Xudo yana Nuhga dedi: “Yer yuzidagi jamiki tirik jonzotlar bilan Men qilayotgan ahdning alomati ana shudir.” Nuhning kemadan chiqqan o‘g‘illari Som, Xom va Yofas edilar. Keyinroq Xom o‘g‘il ko‘rib, ismini Kan’on qo‘ydi. Nuhning uchala o‘g‘lidan esa butun yer yuzidagi xalqlar tarqaldi. To‘fondan keyin Nuh dehqon bo‘ldi va ilk bor tokzor barpo qildi. Bir kuni u o‘zi tayyorlagan maydan ichdi. Mast bo‘lib, chodirida yalang‘och yotgan edi, Kan’onning otasi Xom otasining yalang‘och yotganini ko‘rdi va tashqariga chiqib, akalariga aytdi. Som bilan Yofas bir kiyimni olib, yelkalariga tashladilar. Orqalari bilan chodirga kirib, otalarining yalang‘och tanasini ko‘rmaslik uchun, yuzlarini teskari o‘girib, uning ustini kiyim bilan yopib qo‘ydilar. Nuh o‘ziga kelgach, kenja o‘g‘lining qilmishini bildi. Shunda Nuh dedi: “Kan’on la’nati bo‘lsin! Qullarning ham quli bo‘lsin akalariga!” Nuh yana dedi: “Somning Xudosi Egamizga Hamdu sanolar bo‘lsin. Kan’on Somga qul bo‘lsin! Xudo Yofasga mo‘l yer bersin, Uning nasli Somning Xalqi bilan yashasin! Kan’on Yofasga qul bo‘lsin!” Nuh to‘fondan keyin 350 yil yashadi. U 950 yoshida olamdan o‘tdi. Nuhning o‘g‘illari Som, Xom va Yofas to‘fondan keyin o‘g‘illar ko‘rdilar. Ularning nasl–nasabi va ulardan kelib chiqqan xalqlar tarixi quyidagichadir. Yofas nasli: Go‘mer, Mago‘g, Moday, Yovon, Tuval, Meshex, Tiros va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Go‘mer nasli: Ashkanoz, Rifat, To‘xarmo va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Yovon nasli: Elishox, Tarshish, Kit, Ro‘don va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Yovon nasli dengiz bo‘ylariga tarqalib joylashishdi. Ular har xil qabilalarga va yurtlarga bo‘lindilar, har bir qabilaning o‘z tili bor edi. Xom nasli: Kush, Mizra, Fut, Kan’on va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kush nasli: Savo, Xavila, Sabto, Ramo, Sabtaxo va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Ramo nasli: Shava, Dedon va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kushning naslida yana Nimro‘d degani ham bor edi. Nimro‘d yer yuzidagi birinchi buyuk jangchi edi. Egamizning nazarida u mashhur ovchi edi. Odamlar birontasiga: “ Egamizning nazaridagi Nimro‘dga o‘xshagan mashhur ovchi”, deb gapirganda uning ismi hikmat bo‘lib qoldi. Nimro‘d shohligining ilk markazi Shinar yeridagi Bobil, Erax, Akkad shaharlarining hammasini o‘z ichiga olgan edi. Nimro‘d o‘sha yerdan Ossuriyaga borib, Naynavo, Rexobo‘t–Ir, Qolax, Rasan shaharlarini qurdirdi. Rasan shahri Naynavo bilan Qolax orasida joylashgan edi. Qolax asosiy shahardir. Mizra nasli: Lud, Onom, Laxov, Naftux, Patro‘s, Kasluv, Xafto‘r va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kasluvdan Filist xalqi kelib chiqdi. Kan’on nasli: Sidon (u Kan’onning to‘ng‘ich o‘g‘lidir), Xet va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kan’ondan Yobus, Amor, Girgosh, Xiv, Orx, Sin, Arvod, Zamar va Xomat xalqlari ham kelib chiqdi. Natijada Kan’on urug‘lari chegaradan tashqariga tarqalib ketdi. Kan’onning chegaralari shimoldagi Sidondan boshlab Garor tomonga — janubdagi G‘azogacha, so‘ngra sharqdagi Sado‘m, G‘amo‘ra, Adma, Zavo‘yim tomonga — to Leshagacha cho‘zilgan edi. Xomning nasli ana shulardan iborat edi. Ular har xil qabilalarga va yurtlarga bo‘lindilar, har bir qabilaning o‘z tili bor edi. Yofasning akasi Som ham farzandlar ko‘rdi. U jamiki Ibir naslining ota–bobosi edi. Som nasli: Elam, Oshur, Arpaxshod, Lud, Oram va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Oram nasli: Uz, Xul, Geter, Meshex va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Arpaxshod nasli — Shilax, Shilax nasli — Ibir edi. Ibir ikki o‘g‘il ko‘rdi: birinchisining ismini Palax qo‘ydi, chunki uning davrida dunyo bo‘linib ketdi. Ikkinchisining ismi Yoxton edi. Yoxtonning nasli: Elmo‘dod, Shalaf, Xazormavat, Yorax, Hadoram, Uzol, Dikla, Obal, Abumayl, Shava, Ofir, Xavila, Yo‘vov va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Yoxtonning nasli mana shular edi. Bu xalqlar yashagan hudud Meshadan tortib, sharqdagi Safor qirlari tomongacha cho‘zilgan edi. Somning nasli ana shulardan iborat edi. Bu xalqlar har xil qabilalarga va yurtlarga bo‘lindilar, har bir qabilaning o‘z tili bor edi. Nuhning o‘g‘illaridan paydo bo‘lgan nasllar, nasabnomasi bo‘yicha, alohida–alohida xalqlar sifatida ro‘yxat qilingan edi. To‘fondan keyin yer yuzida mana shu xalqlar o‘rnashdi. Butun yer yuzida bitta til bo‘lib, hamma odamlar bir xil so‘zlashardilar. Odamlar sharqdan ko‘chib, Shinar yeridagi bir tekislikka keldilar va o‘sha yerda joylashdilar. Odamlar bir–birlariga: “Kelinglar, g‘isht quyib, yaxshilab pishiraylik”, dedilar. Shunday qilib, ular qurilish uchun g‘ishtdan, qorishma uchun qora saqichdan foydalanadigan bo‘ldilar. Keyin odamlar aytdilar: “Kelinglar, o‘zimiz uchun shahar quraylik, shahar minorasining cho‘qqilari osmonga tegib tursin. Shu tariqa nom tarataylik. Aks holda biz butun yer yuziga tarqalib ketamiz.” Odamlar qurayotgan shaharni va minorani ko‘rish uchun Egamiz pastga tushdi. Egamiz dedi: “Qaranglar, hammasi bitta xalq, hammasining tili bir! Bu hali ular qilmoqchi bo‘lgan ishning boshlanishi, xolos. Hademay, ular ko‘ngliga kelgan ishni qilishga qodir bo‘ladilar. Qani, pastga tushaylik–da, ularning tilini aralashtirib yuboraylik, toki birining gapini ikkinchisi tushunolmay qolsin.” Shunday qilib, Egamiz ularni bu yerdan butun yer yuzi bo‘ylab tarqatib yubordi. Odamlar shahar qurilishini to‘xtatdilar. Egamiz hamma odamlarning tilini shu yerda chalkashtirib, ularning o‘zlarini butun yer yuziga tarqatib yuborgani uchun, shaharning nomi Bobil bo‘lib qoldi. Somning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir: Som 100 yoshga kirganda, o‘g‘li Arpaxshodni ko‘rgan edi. Arpaxshod tug‘ilganda, to‘fon bo‘lib o‘tganiga ikki yil bo‘lgan edi. Arpaxshod tug‘ilgandan keyin, Som 500 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Arpaxshod 35 yoshida o‘g‘li Shilaxni ko‘rgan edi. Shilax tug‘ilgandan keyin, Arpaxshod 403 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Shilax 30 yoshida o‘g‘li Ibirni ko‘rgan edi. Ibir tug‘ilgandan keyin, Shilax 403 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Ibir 34 yoshida o‘g‘li Palaxni ko‘rgan edi. Palax tug‘ilgandan keyin, Ibir 430 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Palax 30 yoshida o‘g‘li Ravuni ko‘rgan edi. Ravu tug‘ilgandan keyin, Palax 209 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Ravu 32 yoshida o‘g‘li Sarug‘ni ko‘rgan edi. Sarug‘ tug‘ilgandan keyin, Ravu 207 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Sarug‘ 30 yoshida o‘g‘li Naxo‘rni ko‘rgan edi. Naxo‘r tug‘ilgandan keyin, Sarug‘ 200 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Naxo‘r 29 yoshida o‘g‘li Terahni ko‘rgan edi. Terah tug‘ilgandan keyin, Naxo‘r 119 yil yashab, yana o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Terah 70 yoshdan o‘tgandan keyin o‘g‘illari Ibrom, Naxo‘r va Xaronni ko‘rgan edi. Terahning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir: Terahdan Ibrom, Naxo‘r va Xaron tug‘ildilar. Xarondan Lut tug‘ildi. Terah hali hayot ekan, Xaron otasidan oldin o‘z tug‘ilgan yurtida — Xaldeydagi Ur shahrida olamdan o‘tdi. Ibrom — Soray degan qizga, Naxo‘r — Milxo degan qizga uylandilar. Milxo Xaronning qizi edi. Milxoning Iskax degan singlisi ham bor edi. Soray bepusht bo‘lib, bolasi yo‘q edi. Terah o‘g‘li Ibromni, Xaronning o‘g‘li — nabirasi Lutni, Ibromning xotini — kelini Sorayni ergashtirib, Xaldeydagi Ur shahridan chiqib, Kan’on yurtiga qarab yo‘l oldi. Ular Xoron shahriga kelishgach, o‘sha yerda o‘rnashdilar. Terah 205 yoshida Xoronda olamdan o‘tdi. Shundan keyin Egamiz Ibromga dedi: “O‘z yurtingdan, qarindosh–urug‘laring oldidan — otang xonadonidan chiqib ket. Men senga bir yurtni ko‘rsataman, o‘sha yerga borasan. Buyuk xalqning otasi qilaman seni, Baraka beraman senga, Ulug‘ qilaman sening nomingni, Baraka manbayi bo‘lursan sen. Men baraka berurman seni duo qilganlarga, Seni la’natlaganlarni Men la’natlayman. Sen orqali baraka toparlar Yer yuzidagi jamiki xalqlar.” Egamiz amr qilganday, Ibrom ketdi. Lut ham Ibrom bilan birga ketdi. Ibrom Xorondan chiqib ketganda, yetmish besh yoshda edi. Ibrom xotini Sorayni, jiyani Lutni, Xoronda xizmatga olgan odamlarini boshlab, to‘plagan jamiki mol–mulkini olib, Kan’on yurtiga qarab yo‘lga tushdi. Nihoyat, ular Kan’on yurtiga yetib kelishdi. Ibrom bu yurtda ko‘chib yurib, Shakam yaqinidagi Mo‘re nomli muqaddas eman daraxti yoniga yetib kelib to‘xtadi. O‘sha paytlarda bu yurtda Kan’on xalqi yashardi. Shu yerda Egamiz Ibromga zohir bo‘lib: “Mana shu yurtni sening naslingga beraman”, dedi. Shunday qilib, Ibrom o‘ziga zohir bo‘lgan Egamizga atab o‘sha yerda qurbongoh qurdi. Shundan so‘ng Ibrom Baytilning sharqidagi qirlarga yo‘l oldi. Baytil bilan Ay shaharlarining o‘rtasida chodir tikdi. Chodirdan g‘arb tomonda Baytil, sharq tomonda Ay shaharlari bor edi. Bu yerda u qurbongoh qurib, Egamizga sajda qildi. Ibrom u joydan bu joyga ko‘chib, janubga — Nagav cho‘liga ketdi. O‘sha paytda Kan’onda qahatchilik haddan ortiq avjiga chiqdi. Shuning uchun Ibrom, qahatchilik tugaguncha kutib turay, deb Misrga yo‘l oldi. Ibrom Misr chegarasiga yaqinlashganda, xotini Sorayga dedi: — Sen juda ham go‘zal ayolsan. Misrliklar seni ko‘rganlarida: “Manavi ayol — uning xotini”, deb aytishadi. Meni o‘ldirib, seni tirik qoldirishadi. Sen, uning singlisiman, deb aytgin, toki sen tufayli Misrliklar menga yaxshi munosabatda bo‘lsinlar, jonimga rahm qilsinlar. Ibrom Misrga kirib kelganda, Sorayning go‘zalligi hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ldi. Saroy a’yonlari ham Sorayni ko‘rishgach, uni fir’avnga rosa maqtashdi. Shunday qilib, Sorayni fir’avnning haramiga olib kelishdi. Fir’avn Soray tufayli Ibromga ham ko‘p muruvvat qildi: mol–qo‘y, eshaklar, qul va cho‘rilar, tuyalar in’om qildi. Lekin fir’avn Sorayni olgani uchun, Egamiz fir’avnning xonadoniga dahshatli o‘lat kasalligi yubordi. Fir’avn Ibromni chaqirtirib kelib, unga dedi: — Bu nima qilganing? Nima qilib qo‘yding meni? Nimaga Soray o‘zingning xotining ekanini menga aytmading? Nimaga, u mening singlim, deb aytding? Bo‘lmasa men uni xotin qilib olmasdim–ku! Mana xotining, ol–da, ko‘zimdan yo‘qol! Fir’avn o‘z odamlariga farmon bergan edi, ular Ibromni xotini, hamma odamlari va mol–mulki bilan birga yurtdan chiqarib yubordilar. Shunday qilib, Ibrom xotinini, jiyani Lutni va bor mol–mulkini olib, Misrdan chiqdi va shimolga — Nagav cho‘liga yo‘l oldi. Ibrom endi juda boyib ketgan, mol–qo‘ylari, kumushu oltini ko‘p edi. U Nagav cho‘lidan Baytilga borgunicha bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurdi. Nihoyat, Baytil bilan Ay oralig‘iga yetib keldi. U oldin ham shu yerda chodir tikib, qurbongoh qurgan edi. Ibrom o‘sha yerda yana Egamizga sajda qildi. Ibrom bilan birga ketayotgan Lut ham juda boy bo‘lib, mol–qo‘ylari, ko‘plab chodirlari bor edi. Ikkovlari chorvasi bilan bir joyda yashashlari uchun yer torlik qilib qoldi. Qolaversa, Ibromning cho‘ponlari bilan Lutning cho‘ponlari o‘rtasida janjal chiqib qoldi. Bu paytda o‘sha yurtda Kan’on va Pariz xalqlari yashardilar. Shunda Ibrom Lutga dedi: — Mening cho‘ponlarim bilan sening cho‘ponlaring o‘rtasida janjal bo‘lmasligi kerak. Axir, biz yaqin qarindoshlarmiz. Nima qilishimiz lozimligini men senga aytay. Sen mana shu yerdan yaxshi joyini keragicha tanlab ol, keyin bir–birimizdan ajralaylik. Agar sen chap tomonga ketsang, men o‘ng tomonga ketaman, agar sen o‘ng tomonga ketsang, men chap tomonga ketaman. Lut Zo‘var tomondagi Iordan vodiysining serhosil tekisliklariga qaradi. Hammayoq sersuv, go‘yo Egamiz yaratgan boqqa va Misrning ajoyib yerlariga o‘xshardi. Egamiz Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarini vayron qilmasdan oldin vodiy shunaqa edi. Shunday qilib, Lut Iordan tekisliklarini tanladi va sharq tomonga ketdi. Shu tariqa Ibrom bilan Lut bir–biridan ayrildilar. Ibrom Kan’on yurtida o‘rnashdi, Lut esa Iordan tekisliklaridagi shaharlar orasiga o‘rnashib, chodirlarini Sado‘m yoniga ko‘chirdi. Sado‘m aholisi qabihlik qilishar, Egamiz oldida qattiq gunohkor edilar. Lut Ibromdan ayrilib ketgandan keyin, Egamiz Ibromga dedi: — Mana shu turgan joyingdan shimolga, janubga, sharqqa va g‘arbga qara. Sen ko‘rib turgan hamma yerni senga va sening naslingga abadiy mulk qilib beraman. Men sening naslingni yerdagi qumday ko‘paytiraman. Kimki yerdagi qumni sanay olsa, sening naslingni ham sanay oladi. Qani, otlan, yurtni aylanib chiq. Men bu yurtni senga mulk qilib beraman. Shunday qilib, Ibrom chodirini yig‘ishtirib, Xevrondagi Mamre nomli muqaddas emanzor yoniga keldi va o‘sha yerda o‘rnashdi. U yerda Egamizga qurbongoh qurdi. O‘sha paytda quyidagi shohlar bo‘lgan edi: Shinar shohi Omrafil, Elazar shohi Oriyox, Elam shohi Kado‘rlamar, Go‘yim shohi Tidol. O‘sha to‘rtala shoh quyidagi beshta shohga qarshi urush ochdilar: Sado‘m shohi Beraga, G‘amo‘ra shohi Birshaga, Adma shohi Shinavga, Zavo‘yim shohi Shemoverga va Belax shohiga. (Belax hozir Zo‘var, deb yuritiladi.) Ana shu beshta shoh ittifoq tuzib, Siddim vodiysida kuchlarini birlashtirdilar. (Siddim vodiysi hozirgi O‘lik dengizdir.) Bu shohlar o‘n ikki yil davomida Kado‘rlamarga qaram bo‘lib keldilar. O‘n uchinchi yili unga qarshi isyon ko‘tardilar. Bir yildan keyin Kado‘rlamar va uning ittifoqchilari lashkarlari bilan kelib, Ashtaro‘t–Karnayimdagi Rafa xalqini, Xomdagi Zuz xalqini, Xiratayim tekisligidagi Eyim xalqini, Seir tog‘laridagi Xorim xalqini cho‘lning chetidagi El–Porongacha ta’qib qilib borib, mag‘lub qildilar. So‘ngra ular orqaga qaytib, En–Mishpat shahriga keldilar va Omoleklarning butun yerlarini, shuningdek, Xazazon–Tamarda yashayotgan Amor xalqini qo‘lga oldilar. (En–Mishpat hozir Kadesh, deb yuritiladi.) [8-9] Sado‘m, G‘amo‘ra, Adma, Zavo‘yim va Belax (ya’ni Zo‘var) shohlari o‘z lashkarlarini Siddim vodiysida saf torttirib, Elam shohi Kado‘rlamarning va Go‘yim, Shinar va Elazar shohlarining lashkarlariga qarshi jangga tayyor qilib qo‘ydilar. Xullas, to‘rtta shoh beshta shohga qarshi otlandi. *** Vodiyda qora saqich to‘ldirilgan chuqurlar ko‘p edi. Sado‘m va G‘amo‘ra shohlari qochib ketayotganlarida, ba’zi lashkarlari o‘sha chuqurlarga yiqilib tushdilar. Tirik qolganlari tog‘larga qochib qutulib qoldilar. Shunday qilib, bosqinchilar Sado‘m va G‘amo‘rani talon–taroj qilib, u yerdagi hamma boyliklarni, g‘amlab qo‘yilgan oziq–ovqatlarini olib, o‘z yo‘llariga ketdilar. Ibromning jiyani Lut Sado‘mda yashayotgan edi. Bosqinchilar Lutning o‘zini asirga olib, uning ham bor narsasini tortib oldilar. Bir odam bosqinchilardan qutulib, ibroniy Ibromning yoniga qochib bordi va bo‘lgan voqeani unga so‘zlab berdi. Ibrom bu paytda Amor xalqidan bo‘lgan Mamre degan odamning emanzori yonida chodir tikkan edi. Mamre va uning Eshko‘l, Onar degan ukalari Ibromning ittifoqchilari edilar. Ibrom Lutning asirga olinganini eshitgach, o‘z xonadonida tug‘ilgan hamma qurolli odamlarni to‘pladi. Ular 318 kishi edi. U Kado‘rlamarning lashkari ortidan quvib, Dan shahrida ularga yetib oldi. Ibrom o‘sha yerda odamlarini guruhlarga bo‘lib, tunda har tomondan ularga hujum qildi. Kado‘rlamarning lashkari qochdi, lekin Ibrom ularni Damashqning shimolidagi Xo‘vax shahrigacha quvlab bordi. Ibrom bilan uning ittifoqchilari hamma narsani — o‘lja olingan narsalarni, Ibromning jiyani Lutni va uning mol–mulkini, ayollarni va boshqa asirlarni qaytarib olib keldilar. Ibrom Kado‘rlamar va uning ittifoqchilari ustidan g‘alaba qilib qaytib kelayotganda, Sado‘m shohi uni kutib olgani Shovey soyligiga keldi. (Shovey soyligi Shoh soyligi, deb ham atalgan.) Salim shohi Maliksidiq non va sharob olib chiqdi. U Xudoyi Taoloning ruhoniysi ham edi. Maliksidiq Ibromni shunday deb duo qildi: “Yeru ko‘kni yaratgan Xudoyi Taolo Ibromga baraka bersin. Yovlaringni qo‘lingga bergan Xudoyi Taologa Hamdu sanolar bo‘lsin.” Ibrom qaytarib olib kelgan hamma narsaning o‘ndan birini Maliksidiqqa berdi. So‘ngra Sado‘m shohi Bera Ibromga shunday dedi: — Odamlarimni o‘zimga qaytarib bersang bo‘ldi, qaytarib olib kelgan hamma narsani o‘zingga olaver. Lekin Ibrom Sado‘m shohiga shunday javob berdi: — Yeru ko‘kni yaratgan Xudoyi Taolo — Egamiz haqi qasam ichib aytamanki, men sening birorta cho‘pingni yoki chorig‘ingning ipini ham olmayman. Aks holda: “Ibromni men boy qilganman”, deb aytishing mumkin. Yigitlarimning yeb–ichganidan tashqari, men sendan hech narsa olmayman. Men bilan birga borgan ittifoqchilarim Onar, Eshko‘l va Mamre ham o‘zlarining ulushlarini olishsin. Shundan keyin Egamiz Ibromga shu so‘zlarni ayon qildi: — Qo‘rqma, Ibrom, Men senga qalqon bo‘laman, senga beradigan mukofotim buyuk bo‘ladi. — Ey, Egam Rabbiy! Sen menga nima ham berar eding?! Men hamon befarzandman, butun mol–mulkim Damashqlik xizmatkorim Eliazarga qoladi. Sen menga farzand bermading, shuning uchun xonadonimda tug‘ilgan qulim mening merosxo‘rim bo‘ladi–da. Lekin Ibromga yana Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: — Yo‘q, quling sening merosxo‘ring bo‘lmaydi, o‘zingning pushti kamaringdan bo‘ladigan o‘g‘ling sening hamma mol–mulkingga merosxo‘r bo‘ladi. So‘ngra Egamiz Ibromni tashqariga olib chiqib, unga: — Osmonga qara, agar yulduzlarni sanay olsang, sanab ko‘r, — dedi. Egamiz yana aytdi: — Sening nasling ham o‘sha yulduzlarga o‘xshagan ko‘p bo‘ladi. Ibrom Egamizga ishondi, Egamiz uni ishonchi uchun, solih, deb bildi. So‘ngra Egamiz unga dedi: — Men sening Egangman, bu yurtni senga mulk qilib bermoqchiman, shuning uchun seni Xaldeydagi Ur shahridan olib chiqqanman. — Ey, Egam Rabbiy! Bu yurtni meros qilib olishimga qanday ishonch hosil qilaman? — deb so‘radi Ibrom. — Menga uch yoshli g‘unajin, uch yoshli echki, uch yoshli qo‘chqor, kaptar, musichani olib kel, — dedi Egamiz. Egamiz nima aytgan bo‘lsa, hammasini Ibrom olib kelib, so‘ydi. Hayvonlarni uzunasiga o‘rtasidan bo‘lib, bo‘laklarni bir–biriga qaratib qo‘ydi. Lekin qushlarni ikkiga bo‘lmadi. Quzg‘unlar go‘shtlarni yeyish uchun qo‘nganda, Ibrom quzg‘unlarni haydadi. Quyosh botayotganda, Ibromni qattiq uyqu bosdi. Uni qo‘rquv, vahima qamrab oldi. Shunda Egamiz Ibromga aytdi: — Shuni yaxshi bilib qo‘yki, sening nasling begona yurtda musofir bo‘lib yashaydi. To‘rt yuz yil qul bo‘lib, jabr–zulm tortadi. Lekin Men sening naslingni qul qilgan xalqni jazolayman. Sening nasling begona yurtdan katta boylik bilan chiqib ketadi. Sen juda ham keksayib olamdan o‘tib, dafn etilasan, ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan. Sening nasling to‘rt avlod o‘tgandan keyin bu yerga qaytib keladi, chunki Amor xalqlarining qabihligi hali haddan oshmadi. Quyosh botib, qorong‘i tushgandan keyin, Ibrom tutayotgan tog‘orani va yonayotgan mash’alani ko‘rdi. Bo‘g‘izlangan hayvon bo‘laklari orasidan mash’ala va tog‘ora o‘tdi. Shunday qilib, o‘sha kuni Egamiz Ibrom bilan ahd qildi va shunday dedi: — Men sening naslingga Misrdagi daryodan tortib buyuk Furot daryosigacha bo‘lgan joylarni — Xayin, Xanaz, Kadmon, Xet, Pariz, Rafa, Amor, Kan’on, Girgosh, Yobus xalqlarining yerlarini beraman. Ibromning xotini Soray hamon bola ko‘rmas edi. Soray Misrlik Hojar degan bir ayolni cho‘ri qilib olgan edi. Bir kuni Soray Ibromga aytdi: — Egamiz meni farzanddan qisdi. Endi cho‘rimning yoniga kiravering. Balki u orqali farzandli bo‘larman. Ibrom Sorayning taklifiga rozi bo‘ldi. Shunday qilib, Ibromning xotini Soray Misrlik cho‘risi Hojarni eriga xotin qilib olib berdi. Bu voqea yuz berganda, Ibrom Kan’on yurtiga kirganiga o‘n yil bo‘lgan edi. Ibrom Hojarning yoniga kirdi. Hojar homilador bo‘ldi. Hojar homiladorligini bilgach, bekasi Sorayni nazar–pisand qilmay qo‘ydi. Shunda Soray Ibromga dedi: — Cho‘rimga imtiyoz berib, o‘zim uni sizning qo‘yningizga solib qo‘ydim. Endi u homilador bo‘lib, meni nazariga ilmay qo‘ydi–ya. Bularning hammasiga siz aybdorsiz! Iloyo, siz bilan mening oramizni Xudo ajrim qilsin! Ibrom Sorayga: — Hozir ham u sening cho‘ring, unga istaganingni qilaver, — deb javob berdi. Soray Hojarga shunaqangi shafqatsizlik qildiki, Hojar qochib ketishga majbur bo‘ldi. Egamizning farishtasi sahrodagi buloq yonida — Shurga boradigan yo‘l bo‘yida Hojarni topdi. — Ey, Hojar, Sorayning cho‘risi! Qayerdan kelyapsan? Qayerga ketyapsan? — deb so‘radi. — Bekam Soraydan qochib kelyapman, — deb javob berdi Hojar. — Bekangning yoniga qayt, unga itoat et, — dedi Egamizning farishtasi Hojarga. Farishta yana dedi: — Sening naslingni shu qadar ko‘p qilamanki, ko‘pligidan hech kim sanay olmaydi. Egamizning farishtasi Hojarga yana gapirdi: “Sen homiladorsan va tuqqaysan o‘g‘il, Egamiz eshitdi jafolaringni, Uning ismini qo‘ygaysan Ismoil. O‘g‘ling bo‘lg‘ay asov eshakday, Uning qo‘li ko‘tarilgay hammaga qarshi Va hammaning qo‘li — unga ham qarshi, Qarindoshlari bilan dushman bo‘lib yashagay.” Hojar: “Meni ko‘radigan Xudoni ko‘rdim–a!” dedi. Shuning uchun u o‘ziga gapirgan Egamizga: “Meni ko‘radigan Xudosan”, deb nom berdi. Shuning uchun bu quduqqa Ber–Laxay–Ruy, deb nom berilgan. Quduq Kadesh bilan Barid orasida joylashgan. Hojar Ibromga o‘g‘il tug‘ib berdi, Ibrom bu bolaga Ismoil, deb ism qo‘ydi. Bu paytda Ibrom sakson olti yoshda edi. Ibrom to‘qson to‘qqiz yoshga kirganda, Egamiz unga zohir bo‘lib dedi: — Men Qodir Xudoman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yur, har doim pokdil bo‘lib yashagin. Men sen bilan ahd qilaman, senga juda ko‘p nasllar ato qilaman. Ibrom yerga muk tushib ta’zim qildi. Keyin Xudo unga aytdi: Sen bilan qiladigan ahdim shudir: sen ko‘plab xalqlarning otasi bo‘lasan. Endi sening ismingni o‘zgartiraman. Isming endi Ibrom emas, Ibrohim bo‘ladi. Chunki Men seni ko‘plab xalqlarning otasi qilaman. Seni juda ham barakali qilaman, sendan xalqlar yarataman, sendan shohlar kelib chiqadi. Men senga va sendan keyingi nasllaringga bergan va’damda turaman. Bu abadiy ahd bo‘ladi. Men doimo Sening Xudoying, sendan keyingi nasllaringning Xudosi bo‘lib qolaman. Sen musofir bo‘lib yashab turgan mana shu Kan’on yurtining hammasini Men senga va nasllaringga abadiy mulk qilib beraman. Men ularning Xudosi bo‘laman. Xudo Ibrohimga yana dedi: — Sen va sendan keyingi nasllaring avlodlar osha Men bilan qilgan ahdga rioya qilishlaringiz lozim. Sen va sening nasllaring rioya qilishlaringiz kerak bo‘lgan ahdim quyidagichadir: orangizdagi har bir erkak sunnat qilinsin. Sunnat — sen bilan Mening o‘rtamizdagi ahdning belgisi bo‘ladi. Hozirdan boshlab nasllar osha xonadoningdagi har bir o‘g‘il bola tug‘ilgandan keyin sakkiz kun o‘tgach, sunnat qilinsin. Bu faqat sening oila a’zolaringgagina tegishli bo‘lmay, balki xonadoningda tug‘ilgan xizmatkorlaringga va sening naslingdan bo‘lmagan, begonalardan sotib olgan xizmatkorlaringga ham tegishlidir. Xonadoningda tug‘ilgan xizmatkoring ham, sotib olingan xizmatkoring ham sunnat qilinsin. Shunday qilib, Mening sen bilan qilgan ahdim abadiy ekanini tanangizdagi belgi ko‘rsatib turadi. Sunnat qilinmagan erkak xalqim orasidan yo‘q qilinsin. U Mening ahdimni buzgan hisoblanadi. Xudo Ibrohimga yana aytdi: — Xotining Sorayga kelsak, uning ismi bundan keyin Soray bo‘lmasin. Hozirdan boshlab uni Sora, deb chaqir. Men Soraga marhamat ko‘rsataman. Men undan senga o‘g‘il ato qilaman. Ha, Men Soraga shunchalik baraka beramanki, u ko‘p xalqlarning onasi bo‘ladi. Uning nasllari orasidan shohlar chiqadi. Ibrohim muk tushib ta’zim qildi, keyin kulib qo‘ydi–da, o‘ziga o‘zi dedi: “Yuz yoshga kirgan odam bola ko‘rar ekanmi?! Buning ustiga, Sora ham to‘qsonga kirdi, endi bola tug‘armidi.” Ibrohim Xudoga: — Qaniydi, Ismoil Sening marhamating ostida yashasa, — dedi. — Yo‘q, xotining Sora senga o‘g‘il tug‘ib beradi, — dedi Xudo. — Sen o‘g‘lingning otini Is’hoq qo‘yasan. Men o‘g‘ling bilan va uning kelgusi nasli bilan abadiy ahdimni davom ettiraman. Ismoil to‘g‘risida qilgan iltimosingni ham eshitdim. Men unga baraka beraman, uning naslini haddan tashqari ko‘paytiraman. U o‘n ikki yo‘lboshchining otasi bo‘ladi. Undan buyuk xalq keltirib chiqaraman. Lekin Men O‘z ahdimni tug‘iladigan o‘g‘ling Is’hoq bilan qilaman. Kelgusi yili xuddi shu paytda Sora senga Is’hoqni tug‘ib beradi. Xudo Ibrohim bilan gaplashib bo‘lgach, uning yonidan ketdi. O‘sha kuniyoq Ibrohim Xudo amr etganday qildi: o‘g‘li Ismoilni, xonadonida tug‘ilgan xizmatkorlarini, begonalardan sotib olgan xizmatkorlarini — xonadonidagi hamma erkakni sunnat qildi. Ibrohim sunnat bo‘lganda, to‘qson to‘qqiz yoshda, o‘g‘li Ismoil o‘n uch yoshda edi. Ibrohim bilan o‘g‘li bir kunda sunnat qilindilar. Shunday qilib, Ibrohimning xonadonidagi jamiki erkak zoti ham u bilan birga sunnat qilindi. Kunning jazirama issiq payti edi. Ibrohim Mamredagi muqaddas emanzorda chodiriga kiraverishda o‘tirgan edi, shu payt Egamiz unga zohir bo‘ldi. Shu lahzada Ibrohim ro‘parasida uchta odam turganini bildi. Ibrohim uchalasini ko‘rgan zahoti chodirga kiraverishdan ularni kutib olgani yugurib bordi va muk tushib ta’zim qildi. — Hazratim, — dedi Ibrohim, — marhamatingizni darig‘ tutmanglar, bu qulingizning eshigini bosib o‘tib ketmanglar. Xizmatkorlarim suv keltirishsin, oyoqlaringizni yuvishsin, o‘zlaringiz daraxtning soyasida dam olinglar. Modomiki, bu qulingizning xonadoniga tashrif buyuribsizlar, men non–pon olib kelay. Sayohatingizni davom ettirishdan oldin bardam bo‘lib olinglar. — Mayli, — deyishdi ular, — aytganingday qilaver. Ibrohim shoshilganicha chodirga qaytdi–da, Soraga dedi: — Tez bo‘l! Unning yaxshisidan darrov uch tog‘ora olib, non yop. So‘ngra podaga borib, semiz buzoqni tanladi va xizmatkoriga berdi. Xizmatkor darrov buzoqni so‘yib tayyorlashga kirishdi. U suzma, sut va pishirib tayyorlangan buzoq go‘shtini olib, mehmonlarning oldiga qo‘ydi. Mehmonlar ovqatlanishayotganda, Ibrohim daraxt ostida ularga o‘zi xizmat qilib turdi. — Xotining Sora qayerda? — deb so‘rashdi ular. — Shu yerda, chodirda, — deb javob berdi Ibrohim. Ulardan biri: — Kelgusi yili shu paytda men qaytib kelganimda, xotining Sora o‘g‘illi bo‘ladi, — dedi. Sora uning orqasida, chodirga kiraverish yonida bu suhbatni eshitib turardi. Bu paytda Ibrohim ham, Sora ham juda keksayib qolishgan, Sora bola tug‘ish davridan ancha o‘tgan edi. U ichida kulib, o‘zicha o‘yladi: “Men munkillagan kampir bo‘lsam–u, qanday qilib lazzatlana olardim?! Buning ustiga, erim ham qarib qolgan bo‘lsa.” Shunda Egamiz yana Ibrohimga aytdi: — Nima uchun Sora kuldi? Nimaga u: “Qarib qolgan bo‘lsam–u, bola tug‘armidim”, dedi? Men, Egangiz, uchun imkonsiz narsa bor ekanmi?! Kelgusi yil shu paytda men qaytib kelaman. O‘shanda Soraning o‘g‘li bo‘ladi. Lekin Sora qo‘rqib ketgan edi. — Kulmadim, — deb gapidan tondi u. — Yo‘q, kulding, — dedi Egamiz. Shundan keyin uchalovi o‘rinlaridan turib, Sado‘m tomonga yo‘l oldilar. Ibrohim, ularni kuzatib qo‘yay, deb birga yurdi. Egamiz: “Men qilmoqchi bo‘lgan ishlarimni Ibrohimdan sir tutmayman”, dedi O‘ziga. “Ibrohimdan buyuk, qudratli xalq kelib chiqadi. Yer yuzidagi jamiki xalqlar u orqali baraka topadi. Ibrohim o‘g‘illarini, o‘z naslini Mening yo‘limdan yurishga, to‘g‘rilik va adolat bilan ish qilishlariga yo‘l ko‘rsatsin, deb uni tanlaganman. Shunda Men Ibrohimga bergan va’damni bajaraman.” So‘ngra Egamiz Ibrohimga dedi: — Sado‘m va G‘amo‘ra aholisi haddan tashqari razillik qilyaptilar, ularning gunohlari naqadar og‘irligini eshitdim! Men pastga tushaman, Mening qulog‘imga yetib kelgan jinoyatlar haqiqatmi yoki yo‘qmi, ko‘zim bilan ko‘rayin. Shunda Men haqiqatni bilib olaman. Boshqa ikkitasi Sado‘mga qarab ketishdi. Ibrohim esa Egamizning oldida qoldi. Ibrohim Unga yaqinroq kelib, so‘radi: — Sen gunohkorni ham, begunohni ham birday qirib tashlayverasanmi? Aytaylik, shaharda ellikta begunoh odam topsang, shaharni vayron qilaverasanmi? Begunoh odamlarning haqi–hurmati uchun shaharga rahm qilmaysanmi? Gunohkor odam bilan birga gunohsizni yo‘q qilmagin. Agar shunday qilsang, begunoh gunohkor bilan birga jazolanadi–ku! Aslo bunday qilmagin. Butun olamning Hokimi adolatli ishlarni qilishi kerak emasmi?! — Agar Men Sado‘mda ellikta begunoh odamni topsam, — dedi Egamiz, — ularning haqi–hurmati uchun butun shaharga rahm qilaman. — Ey, Rabbiy! Men tuproq va kul bo‘lsam ham, Senga gapirayotganimda qo‘polligim uchun kechirgin, — dedi Ibrohim. — Ellikta begunoh odamga beshta yetmasa–chi? Beshta kam bo‘lgani uchun butun shaharni qirib tashlaysanmi? — Agar u yerda qirq beshta solih odamni topsam, shaharni qirib tashlamayman. Ibrohim Egamizga yana gapirdi: — Balki u yerda qirqta begunoh odam topilar. — O‘sha qirqta begunohning haqi–hurmati uchun bu ishni qilmayman, — dedi Egamiz. — Yo, Rabbiy! — dedi Ibrohim. — Gapirsam, O‘zing kechirgaysan. Balki u yerda o‘ttizta begunoh topilar? — Agar u yerda o‘ttizta begunoh odamni topsam, shaharni qirib tashlamayman, — deb javob berdi U. — Rabbiy! Gapirayotganimda qo‘polligim uchun kechirgin, — dedi Ibrohim. — Balki u yerda yigirmata begunoh odam topilar? — O‘sha yigirmata begunoh odamning haqi–hurmati uchun shaharni qirib tashlamayman, — dedi U. — Rabbiy! Yana bir marta gapirsam, O‘zing kechirgaysan, — dedi Ibrohim. — Balki u yerda o‘nta begunoh odam topilar? — O‘sha o‘nta begunoh odamning haqi–hurmati uchun shaharni qirib tashlamayman, — deb javob berdi Egamiz. Egamiz Ibrohim bilan gaplashib bo‘lgach, O‘z yo‘liga ketdi. Ibrohim ham chodiriga qaytdi. O‘sha kuni kechqurun ikkala farishta Sado‘mga yetib keldi. Lut Sado‘m darvozasi yonida o‘tirgan edi. Lut farishtalarni ko‘rib, ularga peshvoz chiqdi va muk tushib ta’zim qildi. — Janoblar, marhamat, shu kecha bu qulingizning uyiga kiringlar, oyoqlaringizni yuvib, menikida tunab qolinglar. Ertaga ertalab yo‘llaringizga ketsalaringiz ham bo‘ladi. — Rahmat, biz tunni shahar maydonida o‘tkazamiz, — deb aytishdi ular. Lut hadeb qistayvergandan keyin, farishtalar Lutnikiga kelishdi. Lut xizmatkorlariga non yopib, ziyofat tayyorlashni buyurdi. Ziyofat tayyor bo‘lgach, ular ovqatlanishdi. Lekin ular endi uxlashga yotmoqchi bo‘lib turganlarida, Sado‘m shahrining hamma erkagi — yoshu qarisi kelib, Lutning uyini o‘rab olishdi. Ular Lutni chaqirishib, so‘rashdi: — Bugun kechqurun sening uyingga kelgan odamlar qani? Ularni olib chiq bizning oldimizga! Ular bilan birga bo‘laylik. Lut tashqariga chiqib, orqasidan eshikni yopib qo‘ydi. — Birodarlarim! — dedi u, — o‘tinaman, zinhor bunday qabihlik qila ko‘rmanglar! Mana, ikkita bokira qizim bor. Qizlarimni sizlarga olib chiqib berayin, ular bilan bilganlaringizni qilinglar. Lekin bu odamlarga tegmanglar, ular mening mehmonim, mening panohim ostidadirlar. Lekin ular: — Yo‘ldan qoch! — deb shovqin soldilar. — Sen o‘zingni kim deb o‘ylayapsan? Biz senga oramizdan joy beraylik–da, endi bizga aql o‘rgatadigan bo‘lib qoldingmi?! Mana endi ko‘rasan. Anavi kelgan odamlarga qiladiganimizdan ham battarrog‘ini senga qilamiz! Odamlar Lutni siqib kelib, eshikni sindirmoqchi bo‘ldilar. Shu payt ichkaridagi ikkala farishta qo‘llarini tashqariga chiqarib, Lutni uyning ichkarisiga — yonlariga oldilar va eshikni yopdilar. Keyin uyning eshigi oldida turgan hamma odamlarni — kattalarni ham, kichiklarni ham farishtalar ko‘r qilib qo‘ydilar. Shuning uchun odamlar eshikni topa olmay qoldilar. Shundan keyin farishtalar Lutdan so‘rashdi: — Bu shaharda sening yana kiming bor? Kuyovingmi, o‘g‘illaringmi, qizlaringmi — senga qarashli kim bo‘lsa ham, shahardan olib chiqib ket. Biz shaharni butunlay qirib tashlaymiz. Egamiz bu shahar xalqining jinoyatlari g‘oyat dahshatli ekani to‘g‘risida eshitib, bu shaharni qirib tashlanglar, deb bizni yubordi. Shundan keyin Lut bo‘lajak kuyovlari oldiga borib: — Tezda shahardan chiqib ketinglar! — dedi. — Egam bu shaharni qirib tashlamoqchi. Lekin Lutning gapi kuyovlariga hazil bo‘lib tuyuldi. Tong otgach, farishtalar Lutni shoshiltirishdi: — Tez bo‘l! Xotining bilan ikkala qizingni olib, hoziroq bu yerdan jo‘na! Bo‘lmasa, shaharga qirg‘in kelganda, sizlar ham halok bo‘lasizlar! Lut hali ham ikkilanib turganda, farishtalar Lutni, xotinini va ikkala qizini qo‘llaridan ushlab, shahar tashqarisiga olib chiqib qo‘ydilar. Chunki Egamiz shafqatli edi. Farishtalar ularni shahar tashqarisiga olib chiqib qo‘yganlaridan keyin, ulardan biri ogohlantirdi: — Qochinglar, jonlaringni qutqaringlar! Orqaga qaramanglar, vodiydagi biron joyda to‘xtamanglar! Toqqa qarab qochinglar! Bo‘lmasa, halok bo‘lasizlar! — Yo‘q, Hazratim! — deb iltijo qildi Lut. — Bu qulingizga ko‘p inoyat ko‘rsatdingiz, hayotimni qutqarib qoldingiz, menga ko‘p shafqat qildingiz. Lekin tog‘ juda ham uzoq. Men falokatga yo‘liqib u yerga yetib borolmay, o‘lib ketaman–ku! Hov anavi shaharchani ko‘ryapsizmi? O‘zi kichkinagina shaharcha, uncha uzoq emas. Men o‘sha yoqqa qochib bora qolay. O‘shanda men jonimni saqlab qolaman. — Bo‘pti! — dedi farishta Lutga. — Sen aytganday bo‘lsin. O‘sha kichkina shaharni yo‘q qilmayman. Tez bo‘l, o‘sha yoqqa qoch! Sen o‘sha shaharga yetib bormaguningcha, men hech narsa qilolmayman. Lut shaharni kichkina degani uchun, bu shahar Zo‘var, deb yuritiladigan bo‘ldi. Quyosh chiqayotganda, Lut Zo‘varga yetib keldi. Shundan keyin Egamiz Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlari ustiga yonayotgan oltingugurt yog‘dirdi. Yonayotgan oltingugurt bu shaharlar qatorida vodiydagi hamma shaharlarni aholisiyu o‘t–o‘lanlari bilan birga qirib tashladi. Lutning ortidan xotini kelayotgan edi. Xotini orqasiga qaragan edi, tuz ustuniga aylanib qoldi. Keyingi kuni ertalab Ibrohim Egamizning oldida turgan joyga qaytib bordi. Sado‘m, G‘amo‘ra va butun vodiyga qarab, u yerlardan tutun ko‘tarilayotganini ko‘rdi. Bu manzara go‘yo tandirdan chiqayotgan tutunni eslatardi. Xudo vodiydagi shaharlarni qirib, Lut yashayotgan shaharlarga falokat yog‘dirganda, Ibrohimni esdan chiqarmagan edi. Shuning uchun Xudo Lutni falokatdan asrab qoldi. Lut Zo‘varda turishdan qo‘rqib, ikkala qizi bilan tog‘dagi bir g‘orga joylashib, o‘sha yerda yashayverdi. Bir kuni katta qizi kichigiga dedi: — Bu atroflarda bizga uylanadigan birorta erkak qolmagan. Otamiz esa qarib qolyapti. Kel, otamizga sharob ichiramiz–da, keyin uning yoniga kiramiz. Shu yo‘l bilan otamizdan oilamizni davom ettiramiz. Shunday qilib, ular o‘sha kuni kechasi otalariga sharob ichirdilar. Katta qizi otasining yoniga kirdi. Otasi qizining qachon kirib, qachon turganini bilmadi. Keyingi kuni katta qizi kichigiga dedi: — Kecha tunda men otamning yoniga kirdim. Bugun ham otamizga sharob ichiraylik, keyin sen otamizning yoniga kirasan. Shu yo‘l bilan otamizdan oilamizni davom ettiramiz. Shunday qilib, ular o‘sha kuni kechasi ham otalariga sharob ichirdilar. Kichik qiz otasining yoniga kirdi. Otasi kichik qizining qachon kirib, qachon turganini bilmadi. Shunday qilib, Lutning ikkala qizi ham otalaridan homilador bo‘ldilar. Katta qizi o‘g‘il tug‘di va ismini Mo‘ab qo‘ydi. U bugungi kunda Mo‘ab xalqining ota–bobosi hisoblanadi. Kichik qiz ham o‘g‘il tug‘di va ismini Banommi qo‘ydi. U bugungi kunda Ommon xalqining ota–bobosi hisoblanadi. Ibrohim bu yerdan ko‘chib, janubga — Nagav cho‘li tomonga yo‘l oldi va Kadesh bilan Shur oralig‘ida joylashdi. Keyinroq Garorga ketdi. U yerda bir oz yashadi. Ibrohim bu yerdagi odamlarga xotini Sorani, u mening singlim, deb aytar edi. Garor shohi Abumalek odam yuborib, Sorani saroyiga oldirib keldi. Abumalek kechasi tush ko‘rdi. Tushida Xudo zohir bo‘lib, unga dedi: “Sen mana shu xotinni olganing uchun o‘lasan, chunki uning eri bor.” Lekin Abumalek hali Soraga yaqinlashmagan edi. — Yo, Rabbiy! — dedi Abumalek. — Men begunohman–ku! Endi begunoh odamni ham o‘ldiraverasanmi? Ibrohim menga, u mening singlim, dedi–ku! Ayolning o‘zi ham, Ibrohim — mening akam, dedi. Men bu ishni pok ko‘ngil bilan qildim. Xudo Abumalekka tushida yana dedi: — Sening pok ko‘ngilli ekaningni bilaman. Shu sababdan Menga qarshi gunoh qilishdan seni saqladim. Soraga tegishingga yo‘l qo‘ymadim. Endi sen bu ayolni eriga qaytarib ber. Uning eri — payg‘ambar, sen uchun ibodat qiladi. Shunda sen tirik qolasan. Agar bu ayolni eriga qaytarib bermasang, shuni bilib qo‘yki, o‘zing ham, butun oila a’zolaring ham o‘lasizlar. Ertasi kuni saharda Abumalek hamma a’yonlarini chaqirib, ularga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Hammalari qattiq vahimaga tushdilar. Keyin Abumalek Ibrohimni chaqirtirdi va unga dedi: — Bizni nima qilib qo‘yding? Senga qarshi qanday gunoh qilibman–a! Men ham, shohligim ham shunchalik og‘ir gunohga botishiga sen sababchi bo‘lding! Sen menga hech qachon hech kim qilishi kerak bo‘lmagan ishni qilding. Abumalek Ibrohimdan: — Nimani o‘ylab bu ishni qilding? — deb so‘radi. — Bu yerda hech kim Xudodan qo‘rqmaydi, xotinimni tortib olish uchun meni o‘ldiradilar, deb o‘yladim, — dedi Ibrohim. — Buning ustiga, u haqiqatan ham mening singlim, otamiz bir, lekin onamiz boshqa–boshqa bo‘lgani uchun unga uylanganman. Xudo meni otamning xonadonidan begona yurtlarga sayohatga olib ketganda, xotinimga shunday degan edim: “Qaysi joyga borsak ham, men to‘g‘rimda gapirganingda, u mening akam, deb aytgin. Shunda menga sodiqligingni ko‘rsatgan bo‘lasan.” Shundan keyin Abumalek mol–qo‘yidan, qul va cho‘rilaridan Ibrohimga berdi. Xotini Sorani ham qaytarib berdi. — Mana, shohligimga qarashli yerlar qarshingda turibdi, — dedi Abumalek. — Qayerda yashashni xohlasang, o‘sha joyni tanlab olaver. Soraga esa shunday dedi: — Mana, akangga ming bo‘lak kumush bilan tovon to‘layapman. Bu kumushlar yoningdagilarga sening pokligingni isbotlaydi. [17-18] Egamiz Sora tufayli Abumalekning xonadonidagi hamma ayolni tug‘maydigan qilib qo‘ygan edi. Ibrohim Xudoga ibodat qildi. Xudo Abumalekka shifo berdi, shuningdek, uning xotini va cho‘rilariga ham shifo berib, ularni tug‘adigan qildi. Egamiz bergan va’dasi bo‘yicha Soraga marhamat qildi. Sora homilador bo‘lib, Ibrohimga qarigan chog‘ida o‘g‘il tug‘ib berdi. Bularning hammasi Xudo aytgan vaqtda yuz berdi. Ibrohim o‘g‘liga Is’hoq, deb ism qo‘ydi. Xudo amr qilganday, Is’hoq sakkiz kunlik bo‘lganda, Ibrohim uni sunnat qildi. Is’hoq tug‘ilganda, Ibrohim yuz yoshda edi. Sora dedi: “Xudo menga shodlik va kulgi ato qildi, bu haqda eshitgan har kim men bilan birga kuladi. Kim ham, Sora chaqaloqni emizadi, deb Ibrohimga aytar edi?! Axir, Ibrohimga qarigan chog‘ida o‘g‘il tug‘ib berdim–ku.” Vaqt o‘tib, Is’hoq katta bo‘lib qolgach, Sora uni ko‘krakdan chiqardi. Bu baxtli kunni nishonlab, Ibrohim katta ziyofat berdi. Misrlik Hojarning Ibrohimga tug‘ib bergan o‘g‘li Ismoil Is’hoqni masxara qilayotganini Sora ko‘rib qoldi. Sora Ibrohimga: — Bu cho‘rini o‘g‘li bilan birga haydab yuboring! — deb talab qildi. — Cho‘rining o‘g‘li mening o‘g‘lim bilan merosxo‘r bo‘lmasin. Bu gapdan Ibrohim juda xafa bo‘ldi, axir, Ismoil ham uning o‘g‘li edi–da. Lekin Xudo Ibrohimga dedi: — Bola va cho‘ri xotining uchun tashvish tortma. Soraning aytganlarini qil. Chunki Men senga va’da qilgan nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi. Cho‘ri xotiningning bolasi sening ham o‘g‘ling bo‘lgani uchun, Men unga ham farzandlar ato etib, undan xalqlar yarataman. Ibrohim ertasiga saharda turdi. Bir oz yegulik va bir mesh suv olib, Hojarning yelkasiga yukladi–da, o‘g‘li bilan birga jo‘natib yubordi. Hojar Bersheva atroflarida cho‘lda bemaqsad izg‘ib yurdi. Meshdagi suv tamom bo‘lgach, Hojar bolasini bir butaning tagida qoldirdi. So‘ngra: “Bolamning o‘lishini ko‘rmayin”, deb bolasidan bir o‘q otimi nariga borib o‘tirdi. Hojar o‘sha yerda o‘tirib, yig‘lab, faryod qila boshladi. Xudo bolaning yig‘isini eshitdi. Xudoning farishtasi osmondan Hojarni chaqirib, unga dedi: — Nimaga g‘am chekyapsan, Hojar? Qo‘rqma, sen bolani qoldirib ketgan joydan Xudo uning yig‘isini eshitdi. Qani, bolani turgiz, uning qo‘lidan ushla. Men uning naslidan buyuk xalq yarataman. Xudo Hojarning ko‘zini ochib yuborgan edi, u bir quduqni ko‘rdi. Borib, meshni suvga to‘ldirib keldi–da, bolasiga ichirdi. Xudo doimo bola bilan birga bo‘ldi. Bola Poron cho‘lida o‘sib–ulg‘aydi. U mohir kamonkash bo‘ldi. Onasi uni Misr yurtidan bir qizga uylantirdi. Bir kuni Abumalek lashkarboshisi Pixol bilan birga Ibrohimning oldiga bordi va unga dedi: — Sen har qanday ishni qilganingda ham Xudo sen bilan birga. Endi Xudoning nomini o‘rtaga qo‘yib, seni, bolalaringni, naslingni aldamayman, deb qasam ich. Men senga sodiqligimni ko‘rsatdim. Shuning uchun hozir, senga va men istiqomat qilib turgan shu yurtingga sodiq bo‘laman, deb qasam ich. — Qasam ichaman, — dedi Ibrohim. Shunda Ibrohim Abumalekka: “Xizmatkorlaring zo‘rlik bilan mening qudug‘imni tortib olishdi”, deb shikoyat qilib qoldi. — Bu haqda birinchi marta eshityapman, — dedi Abumalek. — Sen menga bu haqda aytmagan eding. Bu ishni kim qilganini bilmayman. Shunday qilib, Ibrohim Abumalekka mol–qo‘ylar berdi va ikkalasi ahd qildilar. Ibrohim yettita urg‘ochi qo‘zini suruvdan ajratib oldi. Abumalek Ibrohimdan: — Sen yettita urg‘ochi qo‘zini ajratib olding, buning ma’nosi nima? — deb so‘radi. Ibrohim shunday javob berdi: — Mana shu yettita urg‘ochi qo‘zini sen qo‘limdan olishing kerak, toki bu quduqni o‘zim qaziganimni bular isbotlaydi. Shunday qilib, ikkovlari qasamyod qilishdi. Shuning uchun bu joy hozirgacha Bersheva, deb yuritiladi. Ular ahd qilganlaridan keyin, Abumalek o‘z lashkarboshisi Pixol bilan Filistlar yeriga qaytib ketdi. Ibrohim Bershevada tamarisk daraxti o‘tqazdi va u yerda abadiy Xudo — Egamizga sajda qildi. Ibrohim Filistlar yerida ancha vaqt turib qoldi. Shu voqealardan keyin Xudo Ibrohimni sinadi. — Ibrohim! — deb chaqirdi Xudo. — Labbay! — deb javob berdi Ibrohim. — Yolg‘iz suyukli o‘g‘ling Is’hoqni olib, Moriyox yeriga bor, — dedi Xudo. — Men senga bir tog‘ni ko‘rsataman, o‘sha tog‘da o‘g‘lingni qurbonlik qilib kuydirasan. Ertasi kun Ibrohim saharda turib, eshagini egarladi, ikkita xizmatkorini va o‘g‘li Is’hoqni oldi. Olov yoqib qurbonlikni kuydirish uchun o‘tin tayyorladi. So‘ngra Xudo aytgan yerga jo‘nadi. Uch kun yo‘l yurganlaridan keyin, Ibrohim uzoqdan o‘sha joyni ko‘rdi. Ibrohim xizmatkorlariga dedi: — Sizlar shu yerda — eshakning yonida qolinglar. O‘g‘lim bilan hov anavi yerga boramiz–u, u yerda sajda qilib, shu yerga qaytib kelamiz. Ibrohim qurbonlik kuydirish uchun o‘tinni olib, o‘g‘li Is’hoqning yelkasiga ortdi. O‘zi esa pichoq bilan cho‘g‘ni olib ketdi. Ikkovlari birga ketishdi. — Otajon! — dedi bir payt Is’hoq otasiga. — Labbay, o‘g‘lim, — deb javob berdi Ibrohim. — Olov bilan o‘tin bor–u, lekin qurbonlik qilib kuydiriladigan qo‘zi qani? — deb so‘radi Is’hoq. — Qurbonlik qilib kuydiriladigan qo‘zini Xudoning O‘zi beradi, o‘g‘lim, — deb javob qildi Ibrohim. Shunday qilib, ikkovlari birga yo‘lda davom etishdi. Ular Xudo ko‘rsatgan yerga yetib kelganlaridan keyin, Ibrohim qurbongoh qurib, qurbongohga o‘tin qaladi. So‘ngra u o‘g‘li Is’hoqni bog‘lab, qurbongohdagi o‘tinlar ustiga yotqizdi. Ibrohim pichoqni oldi va o‘g‘lini bo‘g‘izlashga shaylandi. Shu payt Egamizning farishtasi osmondan unga hayqirdi: — Ibrohim! Ibrohim! — Labbay! — deb javob berdi Ibrohim. — Pichoqni tashla! — deb buyurdi farishta. — Bunday qilma, bolaga zarar berma. Endi bildim, sen haqiqatan Xudodan qo‘rqar ekansan. Sen hatto yagona o‘g‘lingni ham Mendan ayamading. Ibrohim boshini ko‘tarib, shoxlari chakalaklarga o‘ralib qolgan qo‘chqorni ko‘rib qoldi. U qo‘chqorni ushlab, qurbongohda o‘g‘lining o‘rniga kuydirib qurbonlik qildi. Shuning uchun bu joyga Ibrohim: “ Egamiz beradi”, deb nom qo‘ydi. Bu nom bugungi kunda: “ Egamizning tog‘ida beriladi ”, degan hikmatga aylanib ketgan. Shundan keyin Egamizning farishtasi osmondan Ibrohimni yana chaqirdi: — Egang aytmoqda: “Menga itoat qilganing uchun, hatto yagona o‘g‘lingni ham Mendan ayamaganing uchun, O‘zimning nomim bilan qasamyod qilaman: senga albatta qut–baraka beraman. Naslingni osmondagi yulduzlarday, dengiz qirg‘og‘idagi qumday son–sanoqsiz qilib ko‘paytiraman. Nasling g‘animlarining darvozalarini egallaydilar. Menga itoat qilganing uchun, yer yuzidagi hamma xalqlar sening nasling orqali baraka topadi.” Shunday qilib, Ibrohim o‘g‘li bilan birga xizmatkorlari yoniga qaytib keldi va Bershevaga — uyiga yo‘l oldi. Ibrohim Bershevada yashab qoldi. Shundan keyin Ibrohim: “Ukang Naxo‘rning xotini Milxo sakkizta o‘g‘il tuqqan”, degan xabarni eshitdi. To‘ng‘ich o‘g‘lining ismi Uz, keyingisining oti Buz, undan keyingisiniki Kamuvol (Kamuvol Oramning otasi bo‘ldi), Xosit, Xazo, Pildash, Yidlaf, Batuval edi. Batuval bir qiz ko‘rib, otini Rivqo qo‘ydi. Milxodan ko‘rgan sakkizta o‘g‘lidan tashqari, Naxo‘r Ravumo degan cho‘risidan ham to‘rtta o‘g‘il ko‘rdi. Bu o‘g‘illarining ismi Tavax, Gaxam, Taxash va Maxo edi. Sora 127 yoshida, Kan’on yurtidagi Xirat–Arbada vafot etdi. (Xirat–Arba hozir Xevron, deb yuritiladi.) Ibrohim Soraga aza tutib, yig‘ladi. U Soraning jasadini qoldirib, Xet xalqidan bo‘lgan oqsoqollar oldiga bordi va ularga dedi: — Men sizlarning orangizda yashayotgan bir musofirman. Iltimos, menga yeringizdan bir ozini sotinglar, toki marhumamni dafn qilay. Xet xalqidan bo‘lgan oqsoqollar Ibrohimga shunday javob berishdi: — Gapimizga quloq soling, to‘ram! Biz sizni ulug‘ bek, deb hisoblaymiz. Xotiningizni dafn qilishingiz uchun joylarimizdan eng yaxshisini tanlab oling. Birortamiz marhumangizni dafn qilishingiz uchun sizdan qabristonni ayamaymiz. Ibrohim ularga egilib ta’zim qildi. Keyin dedi: — Marhumamni dafn qilishimga rozi ekansizlar, endi mening gapimga quloq solinglar, Zo‘xar o‘g‘li Efro‘nga mening iltimosimni yetkazinglar. U o‘zining Maxpaladagi dalasining chetida joylashgan g‘orni menga sotsin. Men g‘orning to‘liq narxini to‘lay, toki sizlarning guvohligingizda g‘or mening xonadonim uchun qabriston bo‘lsin. Efro‘n shu paytda shahar darvozasida yig‘ilgan o‘z xalqi orasida o‘tirgan edi. U jamiki Xet xalqiga eshittirib, Ibrohimga shunday javob berdi: — To‘ram, endi mening gapimni eshitsinlar. Men dalamni, dalamdagi g‘orni ham sizga in’om qilaman. Xalqimning guvohligida bularni sizga beraman. Marhumangizni dafn qilavering. Ibrohim yurt xalqiga yana ta’zim qildi. U yurt xalqiga eshittirib, Efro‘nga shunday javob berdi: — Rahmat, lekin men butun dalangiz uchun kumush to‘lab, sotib olay, toki marhumamni u yerga olib borib dafn qilay. Iltimos, mening taklifimni rad etmang. [14-15] — E, to‘ram, — dedi Efro‘n Ibrohimga, — to‘rt yuz bo‘lak kumush turadigan bir parcha yer bizning oramizda nima bo‘pti?! Marhumangizni dafn qilavering. *** Ibrohim rozi bo‘lib, Efro‘n hammaga eshittirib aytgan to‘rt yuz bo‘lak kumushni unga tortib berdi. Bu o‘lchov savdogarlar orasida muomalada edi. Shunday qilib, Efro‘nning Mamre sharqida joylashgan Maxpaladagi mulki Ibrohimga o‘tdi. Mulk dalani, daladagi g‘orni va dalaning chetidagi hamma daraxtlarni o‘z ichiga olar edi. Bular shahar darvozasida yig‘ilgan Xet xalqining hammasi guvohligida Ibrohimning doimiy mulki bo‘lib qoldi. Shundan keyin Ibrohim Kan’on yurtida Mamre sharqidagi Maxpala dalasining chetida joylashgan g‘orga xotini Sorani dafn qildi. (Mamre Xevronda joylashgan.) Shunday qilib, Xet xalqiga qarashli bo‘lgan dala va u yerdagi g‘or doimiy qabriston sifatida Ibrohimning mulki bo‘lib qoldi. Ibrohim endi ancha keksayib qoldi. Ibrohim nima qilmasin, Egamiz unga baraka berardi. Ibrohimning xonadonida qulboshisi bor edi. Ibrohim bor mulkini unga ishonib topshirgan edi. Bir kuni Ibrohim o‘sha qulboshisiga aytdi: — Qo‘lingni sonimning ostiga qo‘yib, Samoviy Xudo — Egamning nomi bilan: “O‘g‘lingizga shu yerlik — Kan’onning qizlaridan kelin olib bermayman”, deb qasam ich. Sen mening ona yurtimga — qarindoshlarimnikiga bor. U yerdan o‘g‘lim Is’hoqqa kelin topib kel. — Ehtimol, o‘sha qiz menga ergashib, bu yurtga kelishga rozi bo‘lmas, — dedi qulboshi Ibrohimga. — Unday holda o‘g‘lingizni sizning ona yurtingizga qaytarib olib borishim kerakmi? — Yo‘q! Zinhor bunday qila ko‘rma! — dedi Ibrohim unga. — O‘g‘limni u yerga qaytarib olib borma! Samoviy Xudo — Egam meni otam xonadonidan — qarindosh–urug‘larim yurtidan olib chiqqanda, U menga: “Sen turgan shu yurtni sening naslingga beraman”, deb qat’iy va’da bergan edi. Sening oldingda Egam farishtasini yuboradi. U shunday qiladiki, sen mening o‘g‘limga kelin bo‘ladigan qizni o‘sha yurtdan topib kelasan. Lekin o‘sha qiz sen bilan birga kelishga rozi bo‘lmasa, qasamdan ozod bo‘lasan. Zinhor o‘g‘limni u yerga olib borma. Qulboshi o‘z xo‘jayini Ibrohimning soni tagiga qo‘lini qo‘yib, uning aytganlarini qilishga ont ichdi. Shundan keyin qulboshi xo‘jayinining o‘nta tuyasiga har xil qimmatbaho sovg‘alardan ortib, Oram–Naxrayimga yo‘l oldi. Qulboshi Ibrohimning ukasi Naxo‘r yashaydigan shaharga bordi. Oqshom payti qulboshi shahar tashqarisidagi quduq yoniga yetib keldi va tuyalarni cho‘ktirdi. Bu paytda ayollar suv olgani shu yerga kelishardi. Qulboshi ibodat qildi: — Ey, Egam, xo‘jayinim Ibrohimning Xudosi! Bugun menga omad ber, xo‘jayinim Ibrohimga inoyat ko‘rsatgin. Men quduq boshida turibman, shahar qizlari suv olgani kelishyapti. Istagim shuki, men ularning biriga: “Iltimos, ko‘zangdan suv ichib olay”, deb aytay. Agar o‘sha qiz: “Marhamat, bemalol, tuyalaringizni ham sug‘orib qo‘yaman”, deb aytsa, quling Is’hoqqa kelin qilib tanlaganing o‘sha qiz bo‘lsin. Shu orqali xo‘jayinimga inoyat ko‘rsatganingni bilayin. U hali gapini aytib tugatmagan ham ediki, bir qiz kelib qoldi. U yelkasida ko‘zasini ko‘tarib olgan edi. Bu qizning ismi Rivqo bo‘lib, u Batuvalning qizi, Batuval — Ibrohimning ukasi Naxo‘rning o‘g‘li, Naxo‘rning xotini — Milxo edi. Rivqo hali biron erkakning qo‘li tegmagan bokira qiz bo‘lib, juda chiroyli edi. U quduq bo‘yiga kelib, ko‘zasini to‘ldirdi va orqasiga qaytdi. Shunda qulboshi yugurib, unga peshvoz chiqdi. — Iltimos, ko‘zangdagi suvdan bir qultum ber, — dedi. — Marhamat, janoblari, iching, — deb qiz darrov ko‘zasini yelkasidan tushirdi–da, unga ichgani suv berdi. Qulboshi suv ichib bo‘lgach, qiz dedi: — Endi tuyalaringiz uchun ham suv tortib beraman, to‘yguncha ichsin. U darrov ko‘zasidagi suvni oxurga bo‘shatdi–yu, yana suv tortgani quduqqa yugurib ketdi. Qulboshining hamma tuyalarini sug‘ordi. Qulboshi: “Egam sayohatimni o‘ngidan keltirgani rostmikan yoki yo‘qmi”, deb suv tortayotgan Rivqoni jimgina kuzatib turdi. Qiz tuyalarni sug‘orib bo‘lgach, qulboshi qizga burunga taqiladigan oltin sirg‘ani va ikkita bilaguzukni taqib qo‘ydi. Oltin sirg‘aning og‘irligi bir misqoldan ortiq, bilaguzukning og‘irligi yigirma besh misqol chiqardi. So‘ngra u qizdan: — Ayt–chi, kimning qizisan? — deb so‘radi. — Otangning uyida bir kecha tunashimiz uchun bizga joy topiladimi? — Otamning ismi — Batuval, otamning otasi — Naxo‘r, onasi — Milxo deganlar edi, — deb javob berdi qiz. So‘ngra u: — Uyimizda tuyalaringiz uchun somon ham, yem ham ko‘p, mehmonlar uchun joy ham bor, — deb qo‘shib qo‘ydi. Qulboshi tiz cho‘kib, Egamizga sajda qildi: — Xo‘jayinim Ibrohimning Xudosi — Egamga hamdu sanolar bo‘lsin. Egam xo‘jayinimga sodiq qolib, inoyatini darig‘ tutmabdi. Egam meni to‘ppa–to‘g‘ri xo‘jayinimning qarindoshlari oldiga boshlab kelibdi. Qiz uyiga yugurib bordi va yuz bergan voqealardan uyidagilarni xabardor qildi. Rivqoning Lobon degan akasi bor edi. Lobon singlisidan qulboshining aytganlarini eshitdi, singlisining burnidagi sirg‘ani va qo‘llaridagi bilaguzukni ko‘rdi va quduq bo‘yiga shoshildi. O‘sha odam hali ham buloq boshida tuyalarining oldida turgan edi. — Marhamat, ey, Egam yorlaqagan, nega bu yerda turibsiz? Uyga yuring, uyimda o‘zingiz uchun bitta xona, tuyalaringiz uchun joy tayyorlab qo‘ydim. Shunday qilib, qulboshi uyga kirdi. Lobon tuyalarni yuklardan bo‘shatib, somon, yem berdi. Keyin u Ibrohimning qulboshisiga va u bilan birga kelgan tuyakashlarga oyoqlarini yuvish uchun suv olib keldi. Shundan keyin kechki taom keltirildi. Ibrohimning qulboshisi esa: — Men nima uchun kelganimni sizlarga aytmagunimcha, ovqat yemayman, — dedi. — Marhamat, gapiring, qanday ish bilan keldingiz? — deb so‘radi Lobon. — Men Ibrohimning qulboshisiman, — deb gap boshladi u. — Xo‘jayinimga Egam bergan: u boy bo‘lib ketgan, Egam unga ko‘plab mol–qo‘y, kumushu oltinlar, qul va cho‘rilar, tuyayu eshaklar bergan. Xotini Sora qarigan chog‘ida xo‘jayinimga bir o‘g‘il tug‘ib berdi. Xo‘jayinim butun mol–mulkini o‘g‘liga topshirgan. Xo‘jayinim o‘g‘liga o‘zi yashayotgan Kan’on yurtining qizlaridan kelin olib bermasligim uchun menga qasam ichirdi. “Mening ota urug‘im — qarindoshlarim oldiga borib, o‘sha yerdan o‘g‘limga kelin olib kel”, dedi. Men esa: “O‘sha qiz menga ergashib bu yerga kelmasa–chi”, dedim. Lekin xo‘jayinim aytdi: “Men Egam ko‘rsatgan yo‘ldan yuraman, U O‘zining farishtasini sen bilan birga jo‘natadi va seni omadga erishtiradi. Sen o‘g‘limga qarindoshlarimdan — otam urug‘idan kelin olib kelasan. Agar qarindoshlarimnikiga borganingda, ular qizini bu yerga yuborishga rozi bo‘lishmasa, qasamingdan ozod bo‘lasan.” Qulboshi gapida davom etdi: — Bugun men quduq bo‘yiga kelib, dedim: “Ey, Egam, xo‘jayinim Ibrohimning Xudosi! O‘tinaman, safarimga omad ber. Men buloq boshida turibman. Suv olgani kelgan qizga men, iltimos, ko‘zangdan suv ichib olay, deb aytay. O‘sha qiz, marhamat, bemalol, tuyalaringizni ham sug‘orib qo‘yaman, deb aytsa, xo‘jayinimning o‘g‘liga Egam kelin qilib tanlagan qiz o‘sha bo‘lsin.” Men ko‘nglimdan shu gaplarni o‘tkazib bo‘lmagan ham edimki, Rivqo yelkasida ko‘zasini ko‘tarib kelayotgan ekan. U quduqqa borib, ko‘zasini suvga to‘ldirdi. Men unga: “Iltimos, suvingdan ichib olay”, dedim. U darrov yelkasidan ko‘zasini tushirdi–da: “Marhamat, iching, tuyalaringizni ham sug‘orib qo‘yaman”, dedi. Men suv ichdim, Rivqo tuyalarimni ham sug‘ordi. So‘ng men undan: “Kimning qizisan?” deb so‘radim. U: “Batuval degan odamning qiziman, Otamning otasi — Naxo‘r, onasi — Milxo deganlar edi”, deb javob berdi. Shunday qilib, uning burniga sirg‘ani, qo‘llariga bilaguzuklarni taqib qo‘ydim. So‘ngra Egamga tiz cho‘kib, sajda qildim. Xo‘jayinim Ibrohimning Xudosi — Egamga hamdu sanolar aytdim. Egam meni to‘ppa–to‘g‘ri xo‘jayinimning qarindoshlari oldiga olib keldi. Men uning o‘g‘liga qarindoshlari oilasidan kelin topdim. Endi xo‘jayinimga chinakamiga sadoqat ko‘rsatadigan bo‘lsalaringiz, buni aytinglar, agar yo‘q, desalaringiz, buni ham aytinglar, toki men bir qarorga kelib, biror narsa qilayin. — Bu ish — Xudodan, — deb aytdilar Lobon bilan Batuval, — biz sizga biror gap ayta olmaymiz. Mana, Rivqo qarshingizda turibdi. Uni oling–da, ketavering. Egamiz aytganday, u xo‘jayiningizning o‘g‘liga kelin bo‘lsin. Ibrohimning qulboshisi ularning gaplarini eshitgach, muk tushib, Egamizga sajda qildi. So‘ngra oltin, kumush taqinchoqlar, chiroyli liboslarni Rivqoga berdi. Rivqoning akasi bilan onasiga ham qimmatbaho hadyalar berdi. Qulboshi va u bilan birga kelgan odamlar yeb–ichdilar, tunni shu yerda o‘tkazdilar. Ular ertasi kuni ertalab turishgach, qulboshi: “Endi ruxsat bersangiz, xo‘jayinimning oldiga qaytaylik”, dedi. Lekin Rivqoning akasi bilan onasi: — Rivqo hech bo‘lmasa o‘n kuncha biz bilan qolsin, keyin ketsa ham bo‘ladi, — deyishdi. Lekin qulboshi ularga shunday dedi: — Meni ushlab turmanglar, Egamiz safarimni o‘ngidan keltirgan. Men qaytay, xo‘jayinimning oldiga boray. — Hozir qizimizni chaqirib, o‘zidan so‘raylik–chi, — deyishdi ular. Rivqoni chaqirishib, undan: — Hozir mana bu odam bilan ketasanmi? — deb so‘rashdi. — Ha, ketaman, — dedi Rivqo. Shunday qilib, ular Rivqoni, uning enagasini Ibrohimning qulboshisi va odamlari bilan birga jo‘natdilar. Ular Rivqoni duo qilib, unga shunday dedilar: “Ey, singlimiz! Minglarcha, o‘n minglarcha farzandlarning onasi bo‘lgin! Nasling g‘animlarining darvozalarini egallasin!” Shundan so‘ng Rivqo va uning cho‘rilari tuyalarga minishib, Ibrohimning qulboshisi bilan jo‘nashga tayyor bo‘lishdi. Hammalari yo‘lga tushdilar. Bu vaqtda Is’hoq Ber–Laxay–Ruy qudug‘i yonidan qaytib kelib, Nagav cho‘lida yashayotgan edi. Is’hoq kechqurun sayr qilish uchun tashqariga chiqqan edi. Bir payt u tuyalar kelayotganini ko‘rdi. Rivqo ham Is’hoqni ko‘rdi va darrov tuyadan tushdi. — Huv ana, bir odam dala bo‘ylab biz tomonga kelyapti, kim u? — deb so‘radi Rivqo qulboshidan. — Mening xo‘jayinim, — deb javob berdi qulboshi. Rivqo ro‘molini olib, yuzini berkitdi. Qulboshi hamma qilgan ishlarini Is’hoqqa aytib berdi. Shunday qilib, Is’hoq Rivqoni onasi Sora yashagan chodirga olib keldi. U Rivqoga uylandi. Is’hoq uni juda sevardi. Shu tariqa Is’hoq onasining o‘limidan so‘ng tasalli topdi. Ibrohim boshqa ayolga uylandi. U ayolning ismi Xaturo edi. U Ibrohimga bir necha o‘g‘il tug‘ib berdi. O‘g‘illarning ismi Zimron, Yoxshon, Midon, Midiyon, Yishboq va Shuvax edi. Yoxshonning Shava va Dedon degan o‘g‘illari bor edi. Dedonning nasli Ashur, Latush va Lum xalqlari edi. Midiyonning o‘g‘illari Efax, Ifar, Xano‘x, Avido va Eldax edilar. Xaturodan bino bo‘lgan o‘g‘illari mana shular edilar. Ibrohim butun mol–mulkini o‘g‘li Is’hoqqa berdi. Ibrohim hayot ekan, cho‘rilaridan ko‘rgan o‘g‘illariga hadyalar berdi va o‘sha o‘g‘illarini Is’hoqning oldidan nariga — sharq tomondagi yurtga jo‘natdi. Ibrohim 175 yil yashab, nuroniy yoshda, keksayib, olamdan o‘tdi. O‘g‘illari Is’hoq bilan Ismoil uni Mamre sharqidagi Maxpala dalasining chetida joylashgan g‘orga dafn qildilar. Bu dala ilgari Xet xalqidan bo‘lgan Zo‘xar o‘g‘li Efro‘nniki edi. Bu dalani Ibrohim Xet xalqidan sotib olgan edi. Ibrohim bu g‘orda xotini Soraning yoniga dafn qilindi. Ibrohim vafot etgandan keyin, Xudo uning o‘g‘li Is’hoqqa baraka berdi. Is’hoq Ber–Laxay–Ruy qudug‘i yonida istiqomat qilardi. Soraning Misrlik cho‘risi Hojar Ibrohimga tug‘ib bergan Ismoilning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir: Tug‘ilish tartibiga ko‘ra, Ismoil o‘g‘illarining ismlari quyidagicha: to‘ng‘ich o‘g‘li — Navayot, keyingilari Kedar, Adbal, Mivsom, Mishmo, Dumax, Masso, Hadad, Temo, Yatur, Nofish va Kedemax. Ismoilning bu o‘n ikki o‘g‘li o‘n ikki qabilaning yo‘lboshchisi bo‘ldilar. O‘sha qabilalar chodir qurib joylashgan yerlarga ularning ismlari berildi. Ismoil 137 yoshida olamdan o‘tdi. Ismoilning nasli Ossuriyaga ketaverishda — Misrning sharqidagi Xavila bilan Shur orasida o‘rnashdi. Qarindoshlariga dushman bo‘lib yashardilar. Ibrohim o‘g‘li Is’hoqning xonadoni tarixi quyidagichadir. Ibrohim Is’hoqning otasi edi. Is’hoq Rivqoga uylanganda qirq yoshda edi. Rivqo Batuvalning qizi bo‘lib, akasi Lobon edi. Batuval Oramlik bo‘lib, Paddon–Oramdan edi. Rivqoning bolasi bo‘lmadi. Is’hoq xotini uchun Egamizga iltijo qildi. Egamiz uning iltijolarini eshitdi. Rivqo homilador bo‘ldi. Rivqoning qornidagi bolalari bir–biri bilan urishardilar. Rivqo: “Agar shunaqa bo‘lsa, homilador bo‘lishimning nima foydasi bor?!” deb bu haqda Egamizdan so‘radi. Egamiz Rivqoga shunday dedi: “Sening qorningda ikkita xalq bor, Sendan tug‘ilganlar ikki xalqqa bo‘linar. Biri ikkinchisidan kuchli chiqajak, Kattasi kichigiga xizmat qilajak.” Rivqoning oy–kuni yaqinlashib, egizak tug‘di. To‘ng‘ichi tug‘ilganda, qip–qizil ekan. Uning tanasi jun matoga o‘xshardi. Shuning uchun uning ismini Esov qo‘ydilar. Ukasi esa Esovning tovonini ushlab tug‘ildi, shuning uchun uning ismini Yoqub qo‘ydilar. Egizaklar tug‘ilganda, Is’hoq oltmish yoshda edi. Bolalar ulg‘aydilar. Esov — dala–dashtni yaxshi ko‘radigan mohir ovchi, Yoqub esa uyda o‘tirishni yoqtiradigan, beozor odam bo‘ldi. Esov ovlab kelgan hayvonlarning go‘shtini Is’hoq tanovul qilib, lazzat olar, shuning uchun u Esovni yaxshi ko‘rardi. Rivqo esa Yoqubni yaxshi ko‘rardi. Bir kuni Yoqub yasmiq shovla pishirayotgan edi, Esov ochqaganidan sulayib daladan kelib qoldi. Esov Yoqubga: — Menga ana shu qizil ovqatingdan bergin, o‘lguday qornim ochdi, — dedi. (Shuning uchun u Edom degan ism ham olgan.) — Bo‘pti, — dedi Yoqub, — lekin buning evaziga menga to‘ng‘ichlik huquqingni sot. — E, to‘ng‘ichlik huquqimdan menga nima foyda, qornim ochganidan o‘lay deb turibman, — dedi Esov. — Oldin menga qasam ich, — dedi Yoqub. Esov Yoqubga qasam ichdi. Shunday qilib, u to‘ng‘ichlik huquqini Yoqubga sotdi. Shundan keyin Yoqub Esovga non bilan yasmiq shavla berdi. Esov yeb–ichib, o‘rnidan turdi–da, o‘z ishlari bilan chiqib ketdi. Shunday qilib, Esov o‘zining to‘ng‘ichlik huquqini mensimadi. Shu orada Ibrohim davrida yuz berganday, yurtda qattiq ocharchilik bo‘ldi. Is’hoq Garor shahriga ko‘chib ketdi. U yerda Filistlar shohi Abumalek yashardi. Is’hoqqa Egamiz zohir bo‘lib, unga dedi: — Misrga borma. Men senga ko‘rsatadigan yurtda o‘rnashib, o‘sha yerda yashab tur. Agar shunday qilsang, Men sen bilan birga bo‘laman, senga baraka beraman. Mana shu yurtning hammasini senga va sening naslingga beraman. Otang Ibrohimga bergan va’damda turaman. Men sening naslingni osmondagi yulduzlar kabi son–sanoqsiz qilaman. Mana shu yerlarning hammasini sening naslingga beraman. Sening nasling orqali yer yuzidagi hamma xalqlar baraka topadi. Ibrohim Mening talablarimga, amrlarimga, farmonlarimga, qonunlarimga itoat etgani uchun, senga baraka beraman. Shunday qilib, Is’hoq Garor shahrida o‘rnashib qoldi. Bu yerdagi odamlar Is’hoqdan Rivqo to‘g‘risida so‘raganlarida, “U mening singlim”, deb javob berdi. “U mening xotinim”, deb aytishdan qo‘rqar edi. Rivqo juda chiroyli bo‘lganidan: “Odamlar uni tortib olish uchun meni o‘ldiradilar”, deb o‘ylardi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Bir kuni Is’hoq Rivqoni erkalatayotganda, Filistlar shohi Abumalek derazadan ko‘rib qoldi. Abumalek Is’hoqni chaqirdi. — U sening xotining ekan–ku! Nimaga uni, singlim, deb aytding? — deb so‘radi. — Agar xotinim deb aytsam, birortasi uni tortib olish uchun meni o‘ldiradi, deb qo‘rqdim, — dedi Is’hoq. — Bu nima qilganing–a?! Axir, odamlarimdan biri xotining bilan osonlikcha birga bo‘lishi mumkin edi–ku! Unday holda bizni gunohkor qilib qo‘ygan bo‘larding! Shunday qilib, Abumalek: “Kimki bu odamga yoki uning xotiniga ozor yetkazsa, o‘sha odamning jazosi o‘limdir”, deb farmon berib, hammani ogohlantirdi. Is’hoq u yerda dalasiga urug‘ sepdi. Egamiz unga marhamat ko‘rsatgani uchun ekkan urug‘iga nisbatan yuz barobar ko‘p hosil oldi. Is’hoq boyib ketdi, boyligi tobora ko‘payib boraverdi. Uning qo‘y–echkilari, mol podalari, xizmatkorlari ko‘p edi. Shu sababdan Filistlar Is’hoqqa hasad qilishardi. Ular Is’hoqning hamma quduqlarini tuproqqa to‘ldirib tashlashdi. Ibrohim hayotligida bu quduqlarni o‘zining xizmatkorlariga qazdirgan edi. Abumalek Is’hoqqa: “Bizning yerimizdan ket, sen bizdan ko‘ra, juda kuchayib ketding”, dedi. Is’hoq bu yerdan ketib, Garor soyligida chodir tikib, o‘sha yerda o‘rnashib oldi. Ibrohim bu yerda quduqlar qazdirgan, lekin uning vafotidan keyin Filistlar bu quduqlarni ko‘mib yuborgan edilar. Is’hoq o‘sha quduqlarni qaytadan qazdirdi. Is’hoq quduqlarga otasi qo‘ygan nomlarni berdi. Uning xizmatkorlari suv topish uchun Garor soyligida yerni qaziyotganlarida, buloq otilib chiqdi. Lekin Garorlik cho‘ponlar kelishib: “Bu buloq bizniki”, deb buloqni talab qildilar. Shunday qilib, ular Is’hoqning cho‘ponlari bilan quduq ustida janjallashib qoldilar. Shuning uchun Is’hoq quduqqa Janjal, deb nom berdi. So‘ngra Is’hoqning odamlari boshqa quduq qazidilar. Lekin bu quduq ustida ham kelishmovchilik yuz berdi. Shuning uchun Is’hoq bu quduqqa Ziddiyat, deb nom berdi. Is’hoq bu yerdan ham ko‘chib, boshqa quduq qazdirdi. Yerli aholi oxiri ularni o‘z holiga qo‘ydilar. Is’hoq: “Nihoyat, Egam bu yurtda yashashimiz uchun bizga keng joy berdi, endi biz bu yerda yayrab–yashnab ketamiz”, deya quduqqa Kenglik, deb nom berdi. Is’hoq bu yerdan ham Bershevaga ko‘chib ketdi. O‘sha kuni kechasi Egamiz Is’hoqqa zohir bo‘lib, dedi: — Men otang Ibrohimning Xudosiman. Qo‘rqma, Men sen bilan birgaman. O‘z qulim Ibrohimning haqi–hurmati uchun senga baraka beraman, senga son–sanoqsiz nasl ato qilaman. Is’hoq u yerda qurbongoh qurib, Egamizga sajda qildi, o‘sha yerda chodirini tikdi. Is’hoqning xizmatkorlari u yerda quduq qazidilar. Abumalek maslahatchisi Oxizat va lashkarboshisi Pixol bilan birga Garordan Is’hoqning oldiga bordi. Is’hoq ularga dedi: — Nimaga mening oldimga keldingiz? Menga adovat bilan qarab, yeringizdan chiqarib yuborgan edingiz–ku! — Bizga endi ayon bo‘ldi: Egang sen bilan birga ekan. Shuning uchun sen bilan biz ont ichib, ahd qilaylik, dedik. Biz senga hech qanday yomonlik qilmagan edik, aksincha, olijanoblik qilib, eson–omon jo‘natib yuborgan edik. Sen ham: “Sizlarga yomonlik qilmayman”, deb qasam ich. Sen Egangning yorlaqagani ekansan. Is’hoq ularga ziyofat tayyorladi. Ular yeb–ichdilar. Ertasi kuni ular erta tongda turib, bir–birlariga qasamyod qildilar. So‘ngra Is’hoq ularni uylariga eson–omon jo‘natib yubordi. O‘sha kuni Is’hoqning xizmatkorlari kelib: “Biz suv topdik”, deb unga o‘zlari qazigan quduq to‘g‘risida aytdilar. Is’hoq bu quduqqa Qasamyod, deb nom qo‘ydi. Shuning uchun shaharning nomi bugungacha Bershevadir. Esov qirq yoshida Xet xalqidan ikkita qizga — Beri degan kishining Yahudit ismli qiziga va Elo‘n degan kishining Bosimat ismli qiziga uylandi. Esovning bu xotinlari Is’hoq bilan Rivqoning boshiga ko‘p qora kunlarni soldilar. Is’hoq qaridi, ko‘zlari xiralashib, ko‘rmay qolganda, katta o‘g‘li Esovni chaqirdi: — O‘g‘lim! — Labbay, otajon! — deb javob berdi Esov. — Ko‘rib turibsan, men qarib qoldim. To‘satdan o‘lib qolishim mumkin. Endi yoyingni, o‘qlaringni olib, dalaga chiq, menga bironta hayvonni ovlab kel. Keyin men yaxshi ko‘radigan bironta mazali taom tayyorlab keltir. Men taomni yeb, o‘limimdan oldin seni duo qilayin. Is’hoq o‘g‘li Esovga gapirayotganda, Rivqo eshitib turgan edi. Esov dalaga ovga ketganda, Rivqo o‘g‘li Yoqubga dedi: — Akang Esovga otangning aytgan gapini eshitib qoldim: Otang unga: “Menga bironta hayvon ovlab kel, men yaxshi ko‘radigan bironta mazali taom tayyorlagin, taomni yeb, o‘limimdan oldin Egam oldida seni duo qilayin”, dedi. Endi mening gaplarimni yaxshilab eshit, aytganimni qil, o‘g‘lim. Suruvga borib, menga ikkita uloqchani tanlab olib kel. Uloqchalardan otang yaxshi ko‘radigan mazali taom tayyorlab beray. Sen taomni otangning oldiga olib kirib, unga yegizgin, toki otang o‘limidan oldin seni duo qilsin. — Onajon, bilasiz–ku o‘zingiz, akam Esov serjun, mening terim esa silliq, — dedi Yoqub Rivqoga. — Mabodo otam meni paypaslab ushlab ko‘rsa, nima bo‘ladi? Aldayotganimni otam bilib qoladi. Otam meni duo qilish o‘rniga la’natlaydi. — O‘sha la’nat menga kelsin, bolaginam, — dedi Rivqo. — Endi aytganimni qil, bor, uloqchalarni olib kel. Yoqub onasining buyrug‘iga itoat etib, ikkita uloqchani olib keldi. Rivqo uloqchalardan Is’hoq yaxshi ko‘rgan mazali taom tayyorladi. So‘ng u Esovning uydagi yaxshi kiyimlarini oldi–da, Yoqubga kiygizdi. Uloqchalarning terisini Yoqubning qo‘llariga va bo‘ynining tuksiz joylariga o‘radi. O‘zi tayyorlagan mazali taom bilan nonni o‘g‘li Yoqubning qo‘liga berdi. Shunday qilib, Yoqub lagan to‘la taomni otasining oldiga olib kirdi. — Assalomu alaykum, otajon! — Va alaykum assalom! Qaysi biringsan, o‘g‘lim, Esovmisan, Yoqubmisan? — To‘ng‘ichingiz Esovman, — dedi Yoqub otasiga. — Aytganingizni qildim, mana, ovimdan siz yaxshi ko‘rgan taom tayyorladim. Turing, yeb, meni duo qiling. Is’hoq o‘g‘liga: — Darrov topib keldingmi, o‘g‘lim? — dedi. — Egangiz Xudo yo‘limni o‘ngladi, — deb javob berdi Yoqub. Shundan keyin Is’hoq Yoqubga dedi: — Yaqinroq kel–chi, o‘g‘lim, ushlab ko‘ray–chi, haqiqatan ham o‘g‘lim Esovmisan yoki yo‘qmi, bilayin. Yoqub otasiga yaqinroq bordi. Is’hoq uni paypaslab: — Ovoz — Yoqubning ovozi, qo‘llar esa Esovning qo‘llari, — dedi. Yoqubning qo‘llari Esovning qo‘llariga o‘xshab serjun tuyulgani uchun, Is’hoq uni tanimadi. Shuning uchun Is’hoq Yoqubni duo qilishga chog‘landi–yu, lekin yana so‘radi: — Sen haqiqatan o‘g‘lim Esovmisan? — Ha, Esovman, — deb javob berdi u. Shundan keyin Is’hoq: — Endi taomni keltir, — dedi. — Taomingdan yeb, seni duo qilayin. Yoqub taomni otasiga keltirib berdi. Is’hoq taomni yeb bo‘lgach, Yoqub unga sharob keltirdi. Is’hoq sharobni ham ichdi. So‘ngra Is’hoq unga: — Yaqinroq kelib, meni o‘p, o‘g‘lim, — dedi. Yoqub yaqinlashib, otasini o‘pdi. Is’hoq uning kiyimlari hidini iskab, shunday duo qildi: “O, o‘g‘limning yoqimli hidi Egam marhamat qilgan Dalaning hidiga o‘xshar. Xudoyim yog‘dirsin senga Osmon shabnamini, Bersin yerning unumdor tuprog‘ini, Mo‘l–ko‘l don va sharobni. Xizmat qilsin senga xalqlar, Ta’zim qilsin senga el–uluslar. Hukmron bo‘lgin qarindoshlaring ustidan, Ta’zim qilsin onangning nasli senga. Seni la’natlagan la’nati bo‘lsin, Seni duo qilgan baraka topsin.” Is’hoq Yoqubni duo qilib bo‘lishi bilanoq, Yoqub otasi huzuridan endi chiqqan ham ediki, akasi Esov ovdan qaytib kelib qoldi. U ham mazali taom tayyorlab, otasi oldiga olib kirdi. — Otajon, turing, sizga olib kelgan ovimning go‘shtidan yeb, meni duo qiling. — Sen kimsan? — so‘radi Is’hoq undan. — To‘ng‘ich o‘g‘lingiz Esovman, — deb javob berdi u. Is’hoq hayajondan titrab ketib dedi: — Ov ovlab so‘yib, menga olib kelgan kim edi? Sen kelmasingdan oldin, men go‘shtni endigina yeb bo‘lgan edim! Men uni duo qildim, endi duo olgan udir! Esov otasining so‘zlarini eshitgach, haddan tashqari qattiq, achchiq nola qildi. — Meni ham duo qiling, otajon! — deb yolvordi u otasiga. Lekin Is’hoq: — Ukang oldimga kiribdi, u meni aldabdi, — dedi. — Senga atalgan duoni ukang oldi. — Unga Yoqub, deb ism qo‘yilgani bekorga emas ekan–da, — dedi Esov. — U meni ikki marta aldadi–ya! Birinchi marta to‘ng‘ichlik huquqimni olgan edi, endi esa menga atalgan duoni o‘g‘irlabdi. Menga bironta ham duo saqlab qo‘ymadingizmi? — deb yana so‘radi u. — Men Yoqubni sening ustingdan hukmron qildim, — dedi Is’hoq Esovga. — Uning hamma qarindosh–urug‘larini ham o‘ziga xizmatkor qilib berdim. Don bilan sharobni ham unga berib bo‘ldim. Senga beradigan hech narsa qolmadi–ku, o‘g‘lim! — Nahotki menga bironta ham duo qoldirmagan bo‘lsangiz?! — deb o‘tindi Esov. — Meni ham duo qiling, otajon! — deb dod solib yig‘lay boshladi. Is’hoq o‘g‘liga shunday javob berdi: “Sening manziling yerning unumdor tuprog‘idan nari bo‘lsin, Osmonning shabnamidan mahrum bo‘lsin. Sen qilichning damida yashagaysan, Ukangga xizmat qilib o‘tgaysan. Isyon qilganingda esa sen U solgan bo‘yinturuqni uloqtirib tashlagaysan.” Yoqub Esovning duosini o‘g‘irlagani uchun, Esov uni juda yomon ko‘rib qoldi. Esov o‘ziga o‘zi: “Otamning kuni bitib qoldi, azasi o‘tgandan keyin Yoqubni o‘ldiraman”, dedi. Lekin kimdir Esovning niyatini Rivqoga yetkazdi. Rivqo Yoqubni chaqirib, unga: — Esov seni o‘ldirmoqchi bo‘lib, o‘ziga taskin berib yuribdi ekan, — dedi. — Endi gapimga quloq sol. Hoziroq Xoronga — Lobon akamning oldiga jo‘na. Akang g‘azabidan tushguncha, Lobon akamning yonida yur. Esov sening qilmishlaringni unutib, g‘azabidan tushgandan keyin, orqangdan birortasini jo‘nataman, qaytarib olib keladi. Bo‘lmasa, bir kunda akangdan ham, sendan ham ayrilib qolaman. Shundan keyin Rivqo Is’hoqqa dedi: — Esovning anavi Xet xotinlari dastidan jonimdan to‘ydim. Agar Yoqub ham o‘shalarga o‘xshagan birorta Xet qiziga uylansa, unda hayotim nima kechadi? Shunday qilib, Is’hoq Yoqubni chaqirtirib, uni duo qildi va shunday maslahat berdi: — Kan’onlik qizlarga uylanma. Hoziroq Paddon–Oramga — bobong Batuvalning xonadoniga jo‘na. U yerda tog‘ang Lobonning qizlaridan birortasiga uylan. Qodir Xudo baraka berib, seni ko‘paytirsin. Sening naslingdan ko‘p xalqlar kelib chiqsin. Xudo Ibrohimga va’da qilgan barakasini senga va sening naslingga ato qilsin. Biz hozir musofir bo‘lib yashayotgan, Xudo Ibrohimga bergan shu yurt sening mulking bo‘lsin. Shunday qilib, Is’hoq Yoqubni jo‘natdi. Yoqub Paddon–Oramga — Oramlik Batuvalning o‘g‘li, tog‘asi Lobonnikiga ketdi. [6-7] Esov eshitdiki, otasi Yoqubni duo qilib, uni Paddon–Oramga jo‘natibdi, Yoqub ota–onasining gaplariga itoat etib, Paddon–Oramga ketibdi. Otasi Yoqubga: “O‘sha yerdan uylangin”, debdi, “Kan’onlik qizlarga uylanma”, deb ogohlantiribdi. *** Kan’onlik xotinlari otasiga yoqmasligini Esov tushunib yetdi. Esov amakisi Ismoilning xonadoniga bordi va xotinlari ustiga, Ibrohim o‘g‘li Ismoilning qizlaridan biriga uylandi. Yangi xotinining ismi Maxalat edi. Maxalatning Navayot degan akasi ham bor edi. Yoqub Bersheva shahridan chiqib, Xoron tomonga qarab ketdi. U bir joyga yetib kelganda, kun botgan edi. Shuning uchun o‘sha yerda tunashga to‘xtadi. U bir tosh topdi–da, toshni boshining ostiga qo‘yib uxlagani yotdi. Bir payt u tushida bir narvonni ko‘rdi. Narvonning bir uchi yerda, bir uchi osmonga tegib turarmish. Xudoning farishtalari narvondan chiqib, tushayotgan emishlar. Narvonning yonida Egamiz turgan emish. Egamiz Yoqubga shunday debdi: — Men bobong Ibrohimning, otang Is’hoqning Xudosi — Egangman. Hozir sen yotgan yer o‘zingniki bo‘ladi. Bu yerni senga va sening naslingga beraman. Sening nasling yerning qumi singari son–sanoqsiz bo‘ladi. Ular sharqdan g‘arbga, shimoldan janubga qarab yer yuziga yoyilib ketadilar. Yer yuzidagi hamma xalqlar sen va sening nasling orqali baraka topadi. Shuni bilginki, Men sen bilan birgaman, qayerga bormagin, Men seni saqlayman. Shu yurtga seni yana qaytarib olib kelaman. Men seni hech qachon tark etmayman, bergan va’dalarimni oxirigacha bajaraman. Yoqub uyg‘onib ketdi va: “Haqiqatan ham Egamiz shu yerda ekan, men esa buni bilmabman”, dedi. U qo‘rqib ketdi: “Bu joy Xudoning uyi ekan, osmonga ochiladigan darvozaning o‘zi! Naqadar qo‘rqinchli–ya bu joy!” dedi. Yoqub saharda turdi. Boshining ostiga qo‘ygan toshni olib, yodgorlik qilib o‘rnatdi. Keyin yodgorlik toshining ustidan Xudoga atab zaytun moyi quydi. Ilgari bu joyning nomi Luz edi. Yoqub esa bu joyga Baytil, deb nom berdi. So‘ng Yoqub quyidagicha qasam ichdi: “Agar Xudo men bilan birga bo‘lsa, boradigan shu yo‘limda meni asrasa, menga rizq–ro‘zimni va kiyim bersa, otamning xonadoniga eson–omon qaytarib olib kelsa, Egam mening Xudoyim bo‘ladi. Men yodgorlik qilib o‘rnatgan shu tosh Xudoga sajda qiladigan joy bo‘ladi. Xudo menga bergan hamma narsaning o‘ndan birini albatta beraman.” Yoqub yo‘lida davom etib, nihoyat, sharqdagi yurtga yetib keldi. U dashtda bir quduqni uzoqdan turib ko‘rdi. Quduq yonida uch to‘p poda yotardi. Chorva shu quduqdan sug‘orilar, quduqning og‘zi kattakon tosh bilan yopib qo‘yilardi. Cho‘ponlar hamma qo‘y–echkilarni u yerga haydab kelganlaridan keyin, quduqning og‘zidagi toshni surishib, qo‘ylarni sug‘orishardi–da, quduqning og‘zini yana o‘sha tosh bilan berkitib qo‘yishardi. Yoqub cho‘ponlarning oldiga borib, ulardan: — Birodarlar, qayerliksizlar? — deb so‘radi. — Xorondanmiz, — deb javob berishdi ular. — Lobon degan odamni taniysizlarmi? — deb so‘radi Yoqub, — u Naxo‘rning nabirasi bo‘ladi. — Ha, taniymiz, — deb javob berishdi cho‘ponlar. — Lobon tinch–omonmi? — deb so‘radi Yoqub. — Yaxshi, — deb javob berishdi cho‘ponlar. — Ana, uning qizi Rohila ham qo‘ylarini haydab shu yoqqa kelyapti. — Suruvni bir joyga to‘plabsizlar, oqshomgacha hali erta, hozir payti emas–ku! — dedi Yoqub. — Qo‘ylarni sug‘orib, o‘tlatgani qaytarib olib bormaysizlarmi? Cho‘ponlar shunday javob berishdi: — Hamma suruvni bu yerga to‘plab, toshni quduqning og‘zidan surganimizdan keyingina qo‘ylarni sug‘oramiz. Yoqub cho‘ponlar bilan gaplashib turganda, Rohila otasining qo‘ylarini haydab kelib qoldi. Rohila cho‘ponlik qilardi. Yoqub tog‘asi Lobonning qizi Rohilani va uning qo‘ylarini ko‘rdi. Quduq yoniga borib, quduq og‘zidagi toshni surdi–da, tog‘asining qo‘ylarini sug‘ordi. Keyin Rohilani o‘pdi, xursandchiligidan ko‘zlariga yosh keldi. — Men otangning jiyani, ammang Rivqoning o‘g‘liman, — deb Yoqub o‘zini tanishtirdi. Rohila yugurib borib, otasiga xabar berdi. Lobon, singlimning o‘g‘li kelibdi, deb eshitdi–yu, o‘sha zahoti, Yoqubni kutib olishga shoshildi. Yoqub bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Lobon Yoqubni uyiga olib keldi. Yoqub boshidan kechirganlarini tog‘asiga aytib berdi. — Sen mening jigarimsan, oilamning bir a’zosisan, — dedi Lobon. Yoqub Lobonnikida bir oy turgandan keyin, Lobon unga dedi: — Sen mening qarindoshim bo‘lsang ham, tekinga ishlamasliging kerak. Ayt–chi, xizmat haqingga nima istaysan? Lobonning ikki qizi bo‘lib, kattasining ismi — Leax, kichiginiki — Rohila edi. Leaxning ko‘zlari chiroyli, Rohila esa har jihatdan go‘zal — yuzlari chiroyli, qaddi–qomati kelishgan edi. Yoqub Rohilani sevardi, shuning uchun: “Men sizga kichik qizingiz Rohila uchun yetti yil xizmat qilib beraman”, dedi. Shunda Lobon unga dedi: — Mayli, roziman, qizimni begonaga berganimdan ko‘ra, senga berganim yaxshi–ku. Menikida qolaver. Shunday qilib, Yoqub Rohilaga qalin uchun yetti yil xizmat qildi. Lekin Yoqubning Rohilaga bo‘lgan sevgisi shunchalik kuchli ediki, yetti yil bir necha kunday tuyuldi. Nihoyat, Yoqub Rohilaga uylanadigan payt ham keldi. — Men shartni bajardim, — dedi Yoqub Lobonga. — Endi qizingizga uylanishimga ijozat bering. Lobon butun yurt aholisini to‘plab, ziyofat berdi. [23-24] Lekin o‘sha kuni kechasi Lobon Rohilaning o‘rniga, to‘ng‘ich qizi Leaxni Yoqubga berdi. Leaxga xizmat qilsin, deb Lobon o‘zining Zilpo degan cho‘risini Leaxga berdi. Yoqub Leaxning yoniga kirdi. *** Yoqub ertalab turib qarasa, yonida Leax yotibdi! — Bu nima qilganingiz?! — dedi Yoqub g‘azablanib Lobonga. — Men sizga yetti yil Rohila uchun xizmat qildim–ku! Nimaga meni aldadingiz? Bizning yurtdagi odat bo‘yicha, katta qizdan oldin kichigi turmushga berilmaydi, — deb javob berdi Lobon. — Bir haftada bu qizimning to‘yi tantanasi tugaydi, kutib tur. Agar menga yana yetti yil xizmat qilib beradigan bo‘lsang, xizmating evaziga kichkinasini ham senga beraman. Yoqub rozi bo‘ldi. Bir haftadan keyin Yoqub bilan Leaxning to‘yi tantanasi tugadi. Lobon Rohilani ham Yoqubga berdi. Lobon o‘zining Bilxax degan cho‘risini qizi Rohilaga bergan edi. Shunday qilib, Yoqub Rohilaning yoniga kirdi. U Leaxdan ko‘ra, Rohilani ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Yoqub Lobonga yana yetti yil xizmat qilib berdi. Yoqub Leaxga ko‘ngilsiz ekanini Egamiz ko‘rib turardi. Shuning uchun U Leaxni tug‘ishga qodir qildi, Rohila esa befarzand o‘taverdi. Leax homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. U: “ Egam mening baxtsizligimni ko‘rdi, endi erim menga albatta ko‘ngil qo‘yadi”, deb o‘g‘lining ismini Ruben qo‘ydi. Leax homilador bo‘lib, yana o‘g‘il tug‘di. “Erim menga ko‘ngilsizligini Egam eshitib, yana bir o‘g‘il berdi”, deb o‘g‘lining ismini Shimo‘n qo‘ydi. Leax yana homilador bo‘ldi va yana o‘g‘il tug‘di. U: “Erimga uchta o‘g‘il tug‘ib berdim, endi u albatta menga bog‘lanib qoladi”, deb o‘g‘lining ismini Levi qo‘ydi. Leax yana homilador bo‘lib, yana o‘g‘il tug‘di. U: “Endi Egamga hamdu sano aytaman”, deb o‘g‘lining ismini Yahudo qo‘ydi. Shundan keyin u bola tug‘ishdan qoldi. Rohila Yoqubga bola tug‘ib bera olmagach, endi opasiga hasad qila boshladi. — Menga farzand bering, bo‘lmasa o‘laman! — dedi u Yoqubga. Yoqub Rohiladan qattiq g‘azablandi. — Nima, men Xudomanmi?! Seni bepusht qilib yaratgan Xudo–ku! Shunda Rohila Yoqubga dedi: — Ana, cho‘rim Bilxaxning yoniga kiring. U menga bola tug‘ib bersin, toki cho‘rim orqali men ham bolali bo‘lay. Shunday qilib, Rohila eriga Bilxaxni olib berdi. Yoqub Bilxaxning yoniga kirdi. Bilxax homilador bo‘lib, Yoqubga o‘g‘il tug‘ib berdi. Rohila: “Xudoyim meni oqladi, U mening iltijoimni eshitib, menga o‘g‘il ato etdi”, deb o‘g‘lining ismini Dan qo‘ydi. Bilxax yana homilador bo‘lib, Yoqubga ikkinchi o‘g‘lini tug‘ib berdi. Rohila: “Opam bilan qattiq olishib, men yutib chiqdim”, deb o‘g‘lining ismini Naftali qo‘ydi. Leax bola tug‘ishdan qolganini anglab yetdi. Shunda u ham o‘zining cho‘risi Zilponi Yoqubga olib berdi. Zilpo Yoqubga o‘g‘il tug‘ib berdi. Leax: “Menga omad kulib boqdi”, deb o‘g‘lining ismini Gad qo‘ydi. So‘ngra Zilpo Yoqubga ikkinchi o‘g‘lini tug‘ib berdi. Leax: “Naqadar baxtliman–a! Endi ayollar meni juda baxtli ekan, deb aytishadi”, deya o‘g‘lining ismini Osher qo‘ydi. Bug‘doy o‘rimi payti edi. Bir kuni Ruben dalaga borganda, mehrigiyo o‘simligini topib olib, onasi Leaxga keltirdi. Rohila: “O‘g‘lingning mehrigiyolaridan menga ham ber”, deb iltimos qildi. Lekin Leax g‘azab bilan javob qildi: — Erimni tortib olganing kamlik qildimi?! Endi o‘g‘limning mehrigiyolarini ham tortib olmoqchimisan?! — O‘g‘lingning mehrigiyolari evaziga bu kecha erim sening yoningga kiradi, unga ijozat beraman, — dedi Rohila. Kechqurun Yoqub daladan kelganda, Leax unga peshvoz chiqdi. — Bu kecha mening yonimga kirishingiz kerak, — dedi u eriga. — O‘g‘lim daladan topib kelgan mehrigiyoga sizni almashtirdim. Shunday qilib, Yoqub Leaxning yoniga kirdi. Xudo Leaxning iltijolariga javob berdi. U yana homilador bo‘lib, Yoqubga beshinchi o‘g‘lini tug‘ib berdi. Leax: “Cho‘rimni erimga olib berganim uchun, Xudoyim meni mukofotladi”, deb o‘g‘lining ismini Issaxor qo‘ydi. So‘ngra u yana homilador bo‘lib, Yoqubga oltinchi o‘g‘lini tug‘ib berdi. Leax dedi: “Xudoyim menga yaxshi hadya berdi. Endi erim meni hurmat qiladigan bo‘ladi, chunki unga oltita o‘g‘il tug‘ib berdim.” Shunday deb, o‘g‘lining ismini Zabulun qo‘ydi. Keyin Leax qiz tug‘ib, ismini Dina qo‘ydi. Nihoyat, Xudo Rohilaga ham marhamat qildi va uning iltijolariga javob berib, bola tug‘ishga qodir qildi. Rohila homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. “Xudo menga o‘g‘il ato etib, sharmandaligimni olib tashladi”, dedi. “ Egam menga yana o‘g‘il bersin”, deb o‘g‘lining ismini Yusuf qo‘ydi. Rohila Yusufni tuqqandan keyin ko‘p o‘tmay, Yoqub Lobonga dedi: — Ijozat bersangiz, men yurtimga qaytmoqchiman. Xotinlarim bilan bolalarimni ham olib ketsam, degandim. O‘zingiz bilasiz, sizga ko‘p xizmatim singgan, sizga peshana terimni to‘kib ularni topganman. Endi ketishga ijozat bersangiz. Lobon esa unga shunday javob berdi: — Endi iltimos qilaman, mening gapimga quloq sol: fol ochtirib ko‘rgan edim, Egam menga sen tufayli baraka berganini bildim. Xizmat haqingni ayt, to‘lay. — O‘zingiz bilasiz: uzoq yillar davomida sizga ko‘p xizmat qildim. Mol–qo‘ylaringiz mening mehnatim tufayli qanchalik ko‘payganini bilasiz. Aslida men kelmasimdan oldin molingiz oz edi, endi esa boyligingiz haddan ziyod ko‘paydi. Men tufayli Egam sizga hamma narsada baraka berdi. Endi oilamni o‘ylaydigan payt keldi. — Xizmat haqingga nima istaysan? — deb yana so‘radi Lobon. — Menga hech qanday xizmat haqi kerak emas, — deb javob qildi Yoqub. — Agar rozi bo‘lsangiz, bir taklifim bor. Men qo‘y–echkilaringizni boqaveray. Bugun suruvingizni oralab, olachipor va xol–xol qo‘ylaringizni, qora qo‘zilaringizni, echkilaringizdan ham xol–xolini va olachiporini ajratib olay. Xizmat haqimga shularni bersangiz kifoya. Agar men halol bo‘lmasam, siz keyin osonlikcha bilib olasiz. Mening xizmatimni tekshirgani kelganingizda, qo‘y–echkilarimning orasida birortasi ola–bula, xol–xol bo‘lmasa, yoki qo‘zilarimning orasida ham birortasi qora bo‘lmasa, meni o‘g‘ri, deb hisoblashingiz mumkin. — Yaxshi, sen aytganday bo‘la qolsin, — dedi Lobon. Lobon o‘sha kuni oqi bor xol–xol va olachipor taka hamda urg‘ochi echkilarni ajratib oldi, qora qo‘zilarni ham ayirib oldi. Hammasini o‘g‘illarining ixtiyoriga berdi. Lobonning o‘g‘illari o‘sha qo‘y–echkilarni Yoqub turgan joydan uch kunda boradigan joyga olib ketdilar. Yoqub esa Lobonning qolgan qo‘y–echkilarini boqaverdi. Yoqub terak, bodom va chinor daraxtining novdalaridan olib, novdalarni yo‘l–yo‘l qilib po‘stlog‘ini shildi. So‘ngra u po‘stlog‘i tozalangan novdalarni qo‘y–echkilarga ko‘rinadigan joyga — suv ichadigan oxurlar ichiga qo‘ydi. Chunki Lobonning qo‘y–echkilarini sug‘organi olib kelganda, hayvonlar shu yerda juftlashar edi. Qo‘y–echkilar oq yo‘li bor novdalarni ko‘rib turganda juftlashib, yo‘l–yo‘l, olachipor va xol–xol nasl berardi. Yoqub Lobonning boshqa qo‘y–echkilaridan sovliqlarini ajratib oldi. Sovliq qo‘ylar juftlashayotganda, Yoqub qo‘ylarning yuzini Lobonning suruvidagi yo‘l–yo‘l va qop–qora hayvonlarga qaratib qo‘yardi. Shu tariqa Yoqub Lobonning qo‘y–echkilaridan o‘zining suruvini vujudga keltirdi va Lobonnikidan alohida qilib qo‘ydi. Suruvdagi sog‘lom urg‘ochi qo‘y yoki echkilar juftlashishga tayyor bo‘lganda, Yoqub po‘stlog‘i archilgan novdalarni hayvonlarning oxuriga tashlab qo‘yardi. Hayvonlar yo‘l–yo‘l novdalarni ko‘rib turganlarida juftlashardilar. Lekin u nimjon hayvonlarga shunday qilmasdi. Oqibatda Lobon nimjon qo‘y–echkilarga, Yoqub esa sog‘lom qo‘y–echkilarga ega bo‘lib qoldi. Shu yo‘l bilan Yoqubning qo‘y–echkilari tezlik bilan ko‘payib bordi, u juda ham boyib ketdi, ko‘plab qul va cho‘rilarga, tuyalar va eshaklarga ega bo‘ldi. Lobonning o‘g‘illari ming‘ir–ming‘ir qila boshladilar: “ Yoqub otamizni xonavayron qildi. U butun boyligini otamizning boyligidan olgan.” Yoqub bu gaplarni eshitib qoldi. Yoqub sezdiki, Lobon unga anchagina sovuq munosabatda bo‘lyapti. Egamiz ham Yoqubga: — Ota–bobolaringning yurtiga, qarindosh–urug‘laringning oldiga qayt, Men sen bilan birga bo‘laman, — dedi. Yoqub yaylovda qo‘y–echkilarini boqayotganda, Rohila bilan Leaxni shu yerga chaqirtirdi. Ular kelgach, dedi: — Ko‘rib turibman, otalaringizning menga munosabati ilgarigiday emas. Lekin otamning Xudosi men bilan birga edi. O‘zlaringiz bilasizlar, men sizlarning otangizga kuchim boricha xizmat qildim. U meni aldab, xizmat haqimni o‘n marta o‘zgartirdi. Lekin u menga zarar yetkazishiga Xudo yo‘l qo‘ymadi. Agar otangiz: “Suruvdagi olachipor qo‘y–echkilar sening xizmat haqing bo‘ladi”, deb aytgan bo‘lsa, butun suruv olachipor bola beraverdi. “Yo‘l–yo‘li sening xizmat haqing bo‘ladi”, deb aytgan bo‘lsa, butun suruv yo‘l–yo‘l bola beraverdi. Xudo shu yo‘l bilan otangizning qo‘y–echkilarini tortib olib, menga berdi. Juftlashish mavsumi paytida bir kuni tush ko‘rdim. Qarasam, suruvdagi juftlashgan takalar yo‘l–yo‘l, xol–xol va olachipor ekan. Tushimda Xudoning farishtasi: “Yoqub!” deb chaqirdi. “Labbay!” deb javob berdim men. Farishta menga aytdi: “Qara, juftlashgan takalarning hammasi yo‘l–yo‘l, xol–xol va olachipor. Bularning hammasini Men qilyapman. Chunki Lobonning senga munosabatini ko‘rganman. Men Baytilda senga zohir bo‘lgan Xudoman. U yerda sen tosh ustunga zaytun moyi surtib, Menga xizmat qilish uchun qasam ichgan eding. Endi hoziroq bu yurtdan ket, o‘zingning ona yurtingga qayt.” Shunda Rohila bilan Leax Yoqubga: — Endi otamizdan bizga hech qanday meros tegmas ekan–da, — deyishdi. — Biz otamizga xuddi begonalarday bo‘lib qoldik. U bizni sotdi, bizning evazimizga nima olgan bo‘lsa, hammasini sarf qilib bo‘ldi. Xudo otamizdan sizga olib bergan hamma boyliklar bizniki va bolalarimizniki. Endi esa Xudo sizga nima aytgan bo‘lsa, shuni qiling. [17-18] Shunday qilib, Yoqub Kan’on yurtiga — otasining oldiga qaytib ketishga tayyorlandi. Xotinlarini va bolalarini tuyalarga mindirdi. Qo‘y–echkilarini oldiga solib haydadi, Paddon–Oramda topgan hamma mol–mulkini oldi. *** Lobon qo‘ylarining junini qirqqani ketdi. U yo‘q paytida Rohila otasining xonaki xudolarini o‘g‘irlab oldi. Buning ustiga, Yoqub ham, biz ketyapmiz, deb Oramlik Lobonga aytmasdan, uni aldab jo‘nab qoldi. Yoqub hamma mol–mulkini olib, Furot daryosini kechib o‘tdi va Gilad qirlariga yo‘l oldi. Oradan uch kun o‘tgach, Lobonga: “Yoqub qochib ketibdi”, degan xabar yetib bordi. Lobon qarindosh–urug‘idan erkaklarni yoniga olib, Yoqubni quvib ketdi. Yoqubni yetti kun quvlagandan keyin, oxiri Gilad qirlarida unga yetib oldi. Lekin o‘sha kuni kechasi Lobon tush ko‘rdi. Tushida Xudo zohir bo‘lib: “Ehtiyot bo‘l, Yoqubga yaxshi–yomon gap qilib yurma”, dedi. Lobon Yoqubga yetib olganda, Yoqub Gilad qirlarida chodir tikib yotgan edi. Lobon ham qarindosh–urug‘lari bilan Yoqubga yaqinroq joyga chodirini tikdi. Lobon Yoqubga: — Bu nima qilganing? Meni aldab ketibsan–ku! — dedi. — Qizlarimni ham, xuddi urushdagi asiralarday, o‘g‘irlab ketibsan. Nimaga meni aldab, hech narsa demasdan, yashirincha qochib qolding? Agar bir og‘iz aytganingda, childirma, lira chalib, o‘yin–kulgi qilib, xursandchilik bilan kuzatib qo‘ygan bo‘lardim. Sen hatto nevaralarim bilan qizlarimni o‘pib, yaxshi boringlar, deb aytishimga ham imkon bermading. Qilgan ishing — g‘irt ahmoqlik. Senga yomonlik qilishga kuchim yetadi. Lekin kecha tunda otangning Xudosi menga zohir bo‘lib: “Ehtiyot bo‘l, Yoqubga yaxshi–yomon gap qilib yurma”, deb aytdi. Ahvolingni tushunaman, otangning uyini sog‘ingansan, shuning uchun ketgansan. Lekin nimaga xudolarimni o‘g‘irlading? — Qizlaringizni mendan tortib olasiz, deb o‘ylab, qo‘rqqan edim, — dedi Yoqub. — Lekin sizning xudolaringizga kelsak, ularni kim olgan bo‘lsa, o‘ldirilsin. Qarindoshlarimizning guvohligida narsalaringizni izlab ko‘ring. Agar sizning narsalaringiz bo‘lsa, olavering. Lobonning xudolarini Rohila o‘g‘irlaganini Yoqub bilmas edi. Lobon xudolarini qidirib, avvalo Yoqubning chodiridan izladi. Keyin Leaxning chodiriga, undan keyin ikkala cho‘rining chodiriga kirdi, lekin xudolarini topa olmadi. Oxirida Rohilaning chodiriga kirdi. Rohila xudolarni tuya egarining ichiga yashirib, o‘zi egarga o‘tirib olgan edi. Lobon chodirning hamma yog‘ini axtarsa ham, xudolarini topa olmadi. Rohila otasiga: — Sizning oldingizda o‘rnimdan turmaganim uchun mendan jahlingiz chiqmasin, otajon, — dedi. — Hozir ayollar kasaliga yo‘liqqan paytim. Lobon xudolarini qancha qidirmasin, topa olmadi. Yoqub qattiq g‘azablanib, Lobonni urishib berdi: — Aybim nima ekan?! Nimaga men jinoyat qilganday ta’qib qilyapsiz?! Hamma narsalarimni titkilab chiqdingiz. Endi menga ko‘rsating–chi, biror narsangizni topdingizmi? Topgan bo‘lsangiz, qani, qarindosh–urug‘larimiz oldiga qo‘ying, ikkalamizdan qaysi birimiz haq ekanimizni ular hukm qilsin! Yigirma yil men sizning eshigingizda bo‘ldim. Ana shu davrda bironta sovliq qo‘yingiz, echkingiz chala tug‘ib qo‘ymadi, suruvingizdan bironta qo‘chqorni yeb qo‘ymadim. Yovvoyi hayvonlar bo‘g‘izlab tashlaganlarini sizga ko‘rsatmasdan, zararni o‘z bo‘ynimga olardim. Qo‘yingiz kunduzi yo‘qolganmi, yoki kechasi yo‘qolganmi, baribir, siz mendan talab qilardingiz. Kunduzi jazirama issiqda, kechalari sovuqda, tunlarni uyqusiz o‘tkazib, sizga xizmat qildim. Yigirma yil sizning xonadoningizda bo‘ldim: o‘n to‘rt yil — ikkala qizingiz uchun, olti yil — qo‘y–echkilarga ega bo‘lishim uchun xizmat qildim. Xizmat haqimni o‘n marta o‘zgartirdingiz. Agar bobom Ibrohimning Xudosi, otam Is’hoq sajda qiladigan Xudo men bilan bo‘lmaganda edi, shubhasiz, siz meni quppa–quruq qaytargan bo‘lardingiz. Lekin Xudo mening qiynalganimni, mening og‘ir mehnatimni ko‘rdi. Shu sababdan U o‘tgan kecha sizga zohir bo‘lib, nohaqligingizni aytgan. Shundan keyin Lobon Yoqubga dedi: — Mana bu ayollar — mening qizlarim, mana bu bolalar — mening nabiralarim, qo‘y–echkilar ham meniki. Sen ko‘rib turgan hamma narsa — meniki. Lekin hozir o‘zimning qizlarimga, nabiralarimga biror narsa qila olarmidim?! Kel, endi ikkovimiz ahd qilaylik, toki bu ahd ikkovimiz yarashganimizni isbotlasin. Yoqub bir toshni olib, yodgorlik qilib qo‘ydi. Keyin u qarindosh–urug‘lariga: “Tosh to‘plab kelinglar!” dedi. Ular ham tosh to‘plab kelib, bir uyum hosil qilishdi va tosh uyumining yonida tamaddi qilishdi. Bu joy Lobonning tilida Yogar–Saduto, Yoqubning tilida Galed, deb ataladigan bo‘ldi. Lobon: “Bu tosh uyumi bugun sen bilan mening oramizda guvohdir”, deb bu joyni Galed, deb ataydigan bo‘ldi. Shuningdek, u: “Biz bir–birimizdan ayrilganimizdan keyin, Egam sen bilan meni kuzatib tursin”, deb bu joyni Mispax, deb atadi. So‘ng shunday dedi: — Agar qizlarimning dilini og‘ritsang yoki ularning ustiga xotin olsang, esingda tut, hatto men bilmagan taqdirda ham, Xudo sen bilan mening o‘rtamizda guvohdir. So‘ng Lobon Yoqubga yana dedi: — Ikkovimizning o‘rtamizda men o‘rnatgan mana bu tosh uyumi bilan ustunga qara. Bular bizning ontimizga guvoh bo‘lib, ikkovimizning o‘rtamizda turibdi. Men senga zarar yetkazish niyatida bu tosh uyumidan nariga o‘tmayman, sen ham menga zarar yetkazish niyatida bu tosh uyumi va ustundan beriga o‘tmasliging lozim. Ota–bobolarimizning Xudosi — sening bobong Ibrohimning Xudosi va mening bobom Naxo‘rning Xudosi — o‘rtamizda hakam bo‘lsin. Shunday qilib, Yoqub otasi Is’hoq sajda qiladigan Xudo nomi bilan qasam ichdi. Yoqub qurbonlik qilib, hammani ziyofatga taklif qildi. Ular tunni qirda o‘tkazishdi. Ertasiga Lobon saharda turdi. Qizlarini, nabiralarini o‘pib, hammalarini duo qildi. So‘ngra uyiga qaytib ketdi. Yoqub oila a’zolarini boshlab yo‘lda ketayotgan edi, Xudoning farishtalari unga duch kelib qoldi. Yoqub ularni ko‘rib: “Bu Xudoning lashkargohi!” dedi. Shuning uchun bu joyga Moxanayim, deb nom berdi. Yoqub borishidan oldin Seir, ya’ni Edom yurtida istiqomat qilayotgan akasi Esovga xabarchilarni yubordi. Yoqub xabarchilarga shunday ko‘rsatma bergan edi: — Esov hazratlariga shunday deb aytinglar: “Qulingiz Yoqub aytmoqdaki, u shu paytgacha Lobonning xonadonida yashadi. Endi mollar, eshaklar, qo‘y–echkilar, qul va cho‘rilarga ega bo‘ldi. Kelayotganidan sizni xabardor qilish uchun bizni xabarchi qilib yubordi. Uning umidi shuki, siz unga mehr–muruvvat ko‘rsatsangiz.” Xabarchilar qaytib kelib, Yoqubga shunday dedilar: “Akangiz Esovning oldiga bordik. U sizni kutib olishga kelyapti, yonida to‘rt yuzta odami ham bor.” Yoqub bu xabarni eshitdi–yu, qo‘rqib, vahimaga tushdi. Xonadonidagi odamlarini, qo‘y–echkilarini, mol podalarini, tuyalarini ikki qismga bo‘ldi. U: “Agar Esov kelib, bitta qismni qirib tashlasa, narigi qismi qutulib omon qoladi–ku”, deb o‘yladi. Keyin Yoqub ibodat qildi: — Ey, bobom Ibrohimning, otam Is’hoqning Xudosi! Ey, Egam! Menga: “O‘z yurtingga, qarindoshlaring oldiga qaytib bor, senga omad keltiraman”, deb va’da bergan eding. Men, qulingga ko‘rsatgan sadoqatingga, inoyatingga loyiq emasman. Ilgari Iordan daryosini kechib o‘tganimda, tayog‘imdan boshqa hech narsam yo‘q edi. Endi oila a’zolarim ikki qo‘rg‘onni to‘ldiradigan bo‘ldi. Iltijo qilaman, meni akam Esovning qo‘lidan qutqargin. U kelib, men bilan birga xotinlarimni, bolalarimni o‘ldiradi, deb qo‘rqaman. Sen esa menga: “Senga omad keltiraman, sening naslingni dengizdagi qumdek ko‘paytiraman, ko‘pligidan naslingni sanab bo‘lmaydi”, deb va’da bergan eding. Iltijo qilaman, va’dangni yodingda tut. [13-15] Yoqub tunni o‘sha yerda — ibodat qilgan joyda o‘tkazdi. Keyin suruvidan akasi Esovga ikki yuzta ona echki, yigirmata taka, ikki yuzta sovliq va yigirmata qo‘chqor, o‘ttizta sog‘in tuyani bo‘taloqlari bilan, qirqta sigir va o‘nta buqa, yigirmata mocha eshak va o‘nta erkak eshakni hadya qilish uchun tanlab oldi. *** *** Yoqub bu hayvonlarni podalarga bo‘lib, xizmatkorlariga topshirar ekan, ularga shunday dedi: — Mendan oldin yuringlar, har bir podaning orasida bo‘sh masofa qoldiringlar. U eng oldingi podani haydab borayotgan xizmatkoriga shunday ko‘rsatma berdi: — Esov akam seni uchratib qolib: “Kimning xizmatkorisan? Qayerga ketyapsan? Oldingdagi poda kimniki?” deb so‘raganda, sen: “Bu podalar qulingiz Yoqubniki, bularni siz, to‘ramga, hadya qilib yubordilar, o‘zi ham orqamizda kelyaptilar”, deb aytgin. Yoqub podani haydab borayotgan ikkinchi, uchinchi, xullas, hamma xizmatkorlariga ham bir xil ko‘rsatma berib: — Esovni uchratib qolganingizda, o‘sha gaplarimni aytinglar, — dedi. “Qulingiz Yoqub orqamizda kelyaptilar”, deb albatta aytinglar, — deb ta’kidladi. Chunki Yoqub: “O‘zimdan oldin yuborgan hadyalarim bilan Esov akamning ko‘nglini yumshataman, u bilan yuzma–yuz uchrashganimizda, meni kechirsa ajabmas”, deb umid qilayotgan edi. Shunday qilib, Yoqub o‘zi borishidan oldin, hadyalarni jo‘natib yubordi va bu kechani chodir tikkan joyda o‘tkazdi. O‘sha kuni tunda Yoqub o‘rnidan turdi. Ikkala xotinini, ikkala cho‘risini, o‘n bitta bolasini Yavoq daryosi kechuvidan o‘tkazdi. Ular daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tib bo‘lganlaridan keyin, butun mol–mulkini ham o‘tkazdi. Yoqub daryoning bu tomonida yolg‘iz o‘zi qoldi. O‘sha yerda bir odam bilan tong otguncha kurashdi. O‘sha odam ko‘rdiki, Yoqubni mag‘lub qila olmas ekan. Bir payt u Yoqubning bo‘ksasiga bir urgan edi, soni bo‘g‘inidan chiqib ketdi. — Meni qo‘yib yubor, tong otyapti, — dedi o‘sha odam. — Meni duo qilmasang, ketkizmayman, — hansirab dedi Yoqub. — Isming kim? — deb so‘radi o‘sha odam. — Yoqub, — deb javob berdi u. — Bundan keyin sening isming Yoqub emas, Isroil bo‘lsin, — dedi o‘sha odam. — Chunki sen Xudo va insonlar bilan olishib, g‘olib chiqding. — Iltimos, ismingni ayt! — dedi Yoqub. — Nimaga Mening ismimni so‘rayapsan? — deb so‘radi o‘sha odam. Shunday dedi–yu, u Yoqubni duo qildi. Yoqub: “Xudo bilan yuzma–yuz bo‘libman–u, hayotim saqlanib qolibdi–ya”, deb bu joyga Paniyol, deb nom berdi. Yoqub Paniyoldan ketayotganda, quyosh chiqqan edi. Soni og‘riyotgani uchun, u oqsoqlanib yurardi. O‘sha odam Yoqubning bo‘ksasiga urgani sababli, Isroil xalqi o‘sha tunda yuz bergan voqeaning xotiri uchun bugungacha son go‘shtini yemaydi. Yoqub qarasa, Esov kelayotgan ekan, yonida to‘rt yuzta odami ham bor. Yoqub bolalarini Leaxga, Rohilaga va ikkala cho‘risiga taqsimladi. Cho‘rilari bilan ularning bolalarini eng oldinga, Leax bilan uning bolalarini ulardan keyin, Rohila bilan Yusufni esa oxiriga qo‘ydi. Yoqubning o‘zi ularning oldida bordi. Akasining oldiga yetib borguncha yetti marta egilib ta’zim qildi. Esov ham ukasini kutib olgani yugurib borib, uni quchoqlab oldi. Yoqubning bo‘yniga osilib, o‘pdi. Ikkovi ham yig‘lar edilar. Esov ayollarga va bolalarga qarab: — Yoningdagi bu odamlar senga kim bo‘ladi? — deb so‘radi. — Men, qulingizga Xudo inoyat qilib bergan bolalarim, — dedi Yoqub. Shundan keyin cho‘rilar bilan ularning bolalari Esovning oldiga kelishib, unga egilib ta’zim qildilar. Ulardan keyin Leax bilan uning bolalari yaqin kelib, egilib ta’zim qilishdi. Oxirida Yusuf bilan Rohila yaqin kelib, egilib ta’zim qildilar. — Menga suruvlaru podalar jo‘natibsan, bundan maqsading nima edi? — deb so‘radi Esov. — Hazratimning iltifotiga sazovor bo‘lishim uchun hadya qilib yuborgan edim, — deb javob berdi Yoqub. — Rahmat, uka, o‘zimniki juda ko‘p, o‘zingniki o‘zingga buyursin, — dedi Esov. — Yo‘q, iltimos, agar meni iltifotingizga sazovor bilsangiz, hadyalarimni olasiz, — deb turib oldi Yoqub. — Siz meni shunday yaxshi kutib oldingizki, men uchun sizning yuzingizni ko‘rish — Xudoning yuzini ko‘rishga o‘xshaydi. Iltimos qilaman, hadyalarimni oling. Xudo menga inoyat qilib, kerakli hamma narsani berdi. Yoqub qattiq iltimos qilavergandan keyin, oxiri, Esov hadyalarni olishga rozi bo‘ldi. — Qani, endi ketaylik, men senga yo‘l ko‘rsatib boraman. Yoqub esa shunday dedi: — O‘zingiz ko‘rib turibsiz, hazratim, bolalarim chiniqmagan, qo‘y–sigirlarim ham bolalagan. Qo‘y–sigirlarimni bir kungina qistab haydasalar, butun chorva nobud bo‘ladi. Shuning uchun mendan oldinda ketaversangiz. Men chorvaning yurishiga va bolalarning qadamiga qarab sekin boraveraman. Siz bilan Seir yurtida uchrashamiz. — Bo‘pti, bo‘lmasa, odamlarimdan ba’zilarini sen bilan qoldiray, ham sizlarga yo‘l ko‘rsatib boradi, ham qo‘riqlab ketadi, — dedi Esov. — Nima qilasiz ovora bo‘lib?! Menga ko‘p mehribonlik ko‘rsatyapsiz, shunga ham rahmat. Esov o‘sha kuni Seirga qaytib ketdi. Yoqub esa oilasi bilan Suxo‘tga qarab ketdi. U yerda o‘ziga bir uy, chorvasi uchun qo‘ralar qurdi. Shuning uchun bu joyga Suxo‘t, deb nom berildi. Shunday qilib, Yoqub Paddon–Oramdan Kan’on yurtidagi Shakam shahriga eson–omon qaytib keldi. Shahar tashqarisida chodirlarini tikdi. U chodir tikkan joylar Xamo‘r degan odamning o‘g‘illariga qarashli mulk edi. Xamo‘r Shakamning otasi edi. Yoqub bu joylarni Xamo‘rning o‘g‘illaridan yuz bo‘lak kumushga sotib oldi. U bu yerda qurbongoh qurib, bu joyni: “Xudo Isroilning Xudosidir”, deb atadi. Bir kuni Yoqubning Leaxdan ko‘rgan qizi Dina shu yerlik qizlarni ko‘rishga bordi. Bu yerning begi Xamo‘r bo‘lib, u Xiv urug‘idan edi. Xamo‘rning o‘g‘li Shakam qizni ko‘rib qolib, ushladi va uning nomusiga tegdi. Shakam Dinani qattiq sevib qoldi, qizning sevgisini qozonishga harakat qildi. Otasiga: “Shu qizni menga olib bering”, deb aytdi. Yoqub qizining nomusi toptalganini eshitdi. Yoqubning o‘g‘illari esa dalada mol–qo‘ylarini boqib yurgan edilar. Ular qaytib kelgunlaricha Yoqub o‘zini bosib turdi. Shakamning otasi Xamo‘r bu ish yuzasidan gaplashgani Yoqubning oldiga keldi. Shu paytda Yoqubning o‘g‘illari daladan kelib qolishdi. Singillari sharmanda bo‘lganini eshitishdi–yu, qattiq g‘azablanib, tutaqib ketdilar. Shakam Yoqubning qizini bulg‘ab, Isroilda sharmandali ish qilgan edi. Bunday ish hech bo‘lmasligi kerak edi. Xamo‘r ularga: — O‘g‘lim Shakamning qizingizga ishqi tushib qolibdi, iltimos, qizingizni o‘g‘limga bersangizlar, — dedi. — Bir–birimiz bilan quda–andachilik qilaylik, qizlaringizni o‘g‘illarimizga olib beraylik, o‘g‘illaringizga qizlarimizni olib beringlar. Shunda yurtimizda biz bilan birga yashayverasizlar, xohlagan yeringizda yashayverasizlar, bemalol savdo–sotiq qilaverasizlar, yerlarimizdan o‘zlaringizga mulk orttirasizlar. Shakam ham Dinaning otasi bilan akalariga iltimos qilib, dedi: — Menga muruvvat qilinglar, Dinani menga beringlar, evaziga istagan narsalaringizni beraman. Qancha qalin yoki sovg‘a talab qilasizlar — men uchun ahamiyati yo‘q, beraman. Faqat qizingizga uylansam bo‘ldi. Shakam Dinani sharmanda qilgani uchun, Shakam bilan Xamo‘rni Dinaning akalari aldadilar. Ular Shakam bilan Xamo‘rga dedilar: — Singlimizni qandaydir sunnatsiz odamga berolmaymiz. Agar bersak, biz isnodga qolamiz. Biz faqat bir shart bilan rozi bo‘lamiz: hamma erkaklaringiz bizga o‘xshab sunnat qilinishlari kerak. Shunda biz qizlarimizni sizlarga beramiz, sizlarning qizlaringizni olamiz. Sizlarning orangizda yashab, sizlar bilan bir xalq bo‘lamiz. Lekin bizning shartimizga ko‘nmasdan, sunnat qilinmasalaringiz, singlimizni olib ketamiz. Ularning gapiga Xamo‘r bilan Shakam bajonidil rozi bo‘lishdi. Shakam Dinaga xushtor bo‘lib qolganidan, bu talabni bajarishni tezlashtirdi. U oilasida eng hurmatga sazovor odam edi. Xamo‘r bilan Shakam shahar darvozasiga kelib, shaharning oqsoqollariga shunday deyishdi: — U odamlar — bizning do‘stlarimiz. Ular bizning yurtimizda yashab, savdo–sotiq qilaversinlar. Yurtimiz keng, ularga ham yetadi. Shunda bir–birimiz bilan qiz olib, qiz berishamiz. Ular faqat bir shart bilan bizning oramizda yashab, biz bilan bir xalq bo‘lishga rozi: oramizdagi hamma erkaklar, ular singari, sunnat bo‘lishlari kerak ekan. Agar biz shunday qilsak, ularning hamma qo‘y–echkilari, mol–mulki bizniki bo‘ladi. Kelinglar, ularning aytganlariga rozi bo‘laylik, toki ular bizning oramizda yashab qolishsin. Shahar darvozasiga borganlar Xamo‘r bilan uning o‘g‘li Shakamning gaplarini eshitgach, rozi bo‘ldilar. Butun shahar erkaklari sunnat qilindilar. Oradan uch kun o‘tdi. Shaharning hamma erkaklari sunnat qilinganlari uchun hali ham og‘rib yotgan edilar. Yoqubning ikki o‘g‘li — Dinaning akalari Shimo‘n bilan Levi qilichlarini oldilar va bamaylixotir shaharga kirdilar. Shahardagi hamma erkakni o‘ldirdilar. Xamo‘r bilan uning o‘g‘li Shakamni ham o‘ldirib, Shakamning uyidan Dinani olib ketdilar. Yoqubning qolgan o‘g‘illari, singlimizni sharmanda qilganlari uchun qasos olamiz, deb jasadlarni talab, shaharni talon–taroj qildilar. Ular shahardagi va dalalardagi jamiki qo‘y–echkilarni, mol podalarini, eshaklarni olib ketdilar. Shahar xalqining hamma boyliklarini, uylaridagi hamma narsasini o‘lja qilib, bolalarini va ayollarini asir qilib olib ketdilar. Shunda Yoqub Shimo‘n bilan Leviga dedi: — Sizlar boshimga balo keltirdingiz. Endi bu yurtdagi Kan’on va Pariz xalqlari, qolaversa, hamma meni yomon ko‘radi. Biz ozchilik bo‘lsak, axir. Ular birgalashib hujum qilib qolgudek bo‘lsa, hammamiz qirilib ketamiz–ku! Shunda o‘g‘illar: — Singlimizga fohishaday muomala qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz! — deb e’tiroz bildirdilar. Xudo Yoqubga dedi: — Qani, otlan, Baytilga ko‘chib ket, o‘sha yerda joylashib, qurbongoh o‘rnat. Sen akang Esovdan qochib ketayotganingda, Men u yerda senga zohir bo‘lgan edim. Yoqub xonadonidagilarga va yonidagilarga aytdi: — Begona xudolaringizni yo‘qotinglar, o‘zlaringizni poklab, toza kiyimlaringizni kiyinglar. Endi bu yerdan ketib, Baytilga boramiz. U yerda men Xudoga qurbongoh quraman. Kulfatda qolganimda, Xudo menga madad bergan edi. Qayerga borsam, U men bilan birga bo‘ldi. Hammalari begona xudolarini, ziraklarini Yoqubga berishdi. Yoqub bu narsalarni Shakam yaqinidagi eman daraxtining ostiga ko‘mdi. Yoqub xonadonidagilarini boshlab yo‘lga tushganda, Xudo butun atrofdagi shaharlar aholisiga qo‘rquv yubordi. Shuning uchun hech kim ularni ta’qib qilmadi. Nihoyat, Yoqub butun xonadonidagilarni boshlab Luz shahriga yetib keldi. (Luz hozir Baytil, deb yuritiladi.) Yoqub bu yerda bir qurbongoh qurib, bu joyni Baytilning Xudosi, deb atadi. Yoqub akasidan qochib ketayotganda, Xudo O‘zini unga shu yerda zohir qilgan edi. Ular shu yerda turganlarida, Rivqoning enagasi Dobira vafot qildi. Uni Baytilning yonidagi eman daraxti ostiga dafn qildilar. O‘shandan buyon bu daraxt Yig‘i daraxti, deb yuritiladi. Yoqub Paddon–Oramdan qaytib kelgandan keyin, Xudo unga yana zohir bo‘ldi va unga marhamat ko‘rsatib, dedi: “Sening isming Yoqub, lekin bundan keyin seni Yoqub, deb chaqirmaydilar, sening isming Isroil bo‘ladi.” Shuning uchun u Isroil, deb nom oldi. Xudo shunday dedi: — Men Qodir Xudoman, barakali bo‘l, nasling ko‘p bo‘lsin. Buyuk xalq, hatto ko‘p xalqlar sendan paydo bo‘ladi. Sen shohlarning bobosi bo‘lasan. Men Ibrohimga va Is’hoqqa va’da qilgan yurtni senga beraman. Sendan keyin bu yerni naslingga beraman. Shundan keyin Xudo Yoqubga gapirgan joyidan ketdi, Yoqub o‘sha joyga yodgorlik toshi o‘rnatdi. So‘ngra yodgorlik toshi ustiga Xudoga atab sharob va zaytun moyi quydi. Yoqub bu joyga Baytil, deb nom berdi. Yoqub bilan uning oilasi Baytildan chiqib, Efrat tomon yo‘l oldilar. Ular Efratga hali yetib bormasdan, Rohilaning ko‘zi yoriydigan payti keldi, uni qattiq to‘lg‘oq tutib qoldi. Rohila to‘lg‘oqdan ko‘p azob chekkandan keyin, nihoyat, doyasi: “Qo‘rqma, yana o‘g‘il tug‘ding”, dedi. Rohila jon berayotganda, oxirgi nafasda o‘g‘lining ismini Beno‘n, deb qo‘ydi. Otasi esa unga Benyamin, deb ism qo‘ydi. Shunday qilib, Rohila vafot etdi va Efrat yo‘lida dafn qilindi. (Efrat hozir Baytlahm, deb yuritiladi.) Yoqub Rohilaning qabriga yodgorlik toshi o‘rnatdi. Bu tosh shu kungacha bor. Shundan keyin Yoqub yana ko‘chib, Eder minorasi ortida chodirini tikdi. Yoqub o‘sha yerda yashayotganda, Ruben otasining cho‘risi Bilxaxning yoniga kirdi. Yoqub buni eshitib qoldi. Yoqubning o‘n ikkita o‘g‘li bor edi: Leaxdan tug‘ilgan o‘g‘illari — Ruben (Yoqubning to‘ng‘ich o‘g‘li), Shimo‘n, Levi, Yahudo, Issaxor va Zabulun. Rohiladan tug‘ilgan o‘g‘illari — Yusuf bilan Benyamin. Rohilaning cho‘risi Bilxaxdan tug‘ilgan o‘g‘illari — Dan bilan Naftali. Leaxning cho‘risi Zilpodan tug‘ilgan o‘g‘illari — Gad bilan Osher. Yoqubning Paddon–Oramda tug‘ilgan o‘g‘illari ana shular edi. Yoqub Mamrega — Xirat–Arbaga otasining uyiga keldi. (Xirat–Arba hozir Xevron, deb yuritiladi.) Ibrohim va Is’hoq Xevronda istiqomat qilib turgan edilar. Is’hoq 180 yil umr ko‘rdi. U keksayib, yoshini yashab olamdan o‘tdi. O‘g‘illari Esov bilan Yoqub uni dafn qilishdi. Esovning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir (u Edom ismi bilan taniqli): Esov Kan’onlik qizlarga uylangan edi. Birinchi xotinining ismi Oida bo‘lib, Xet xalqidan Elo‘n deganning qizi edi. Ikkinchisiniki Oxolibom bo‘lib, Xiv xalqidan Anah deganning qizi edi. Bobosining ismi Zibo‘n edi. Uchinchi xotinining ismi Bosimat bo‘lib, Ismoilning qizi edi. Qizning Navayot degan akasi bor edi. Esov Oidadan Elifaz degan o‘g‘lini ko‘rdi. Bosimatdan Ruvel degan o‘g‘lini ko‘rdi. Oxolibomdan Yoush, Yalom va Ko‘rax degan o‘g‘illarini ko‘rdi. Esovning Kan’on yurtida tug‘ilgan o‘g‘illari ana shulardir. So‘ngra Esov xotinlarini, bolalarini, xonadonidagi hamma odamlarini, podasiyu suruvlarini, Kan’on yurtida topgan jamiki boyliklarini olib, ukasi Yoqubdan uzoqroq yerga ko‘chib ketdi. Ikkovining podalari va suruvlari benihoya ko‘p bo‘lganidan, yer torlik qilib qolgan edi. Shuning uchun Esov, ya’ni Edom, Seir tog‘lariga borib o‘rnashdi. Seir tog‘laridagi Edom xalqining ota–bobosi Esovning nasl–nasabi mana bulardir: Esovning o‘g‘illari quyidagilardir: xotini Oidadan tug‘ilgan o‘g‘li Elifaz, Bosimatdan tug‘ilgan o‘g‘li Ruvel. Elifazning o‘g‘illari ismi Temon, O‘mar, Zafo‘, Gatam va Xanaz edi. Elifazning Timna degan cho‘risi bor edi. O‘sha cho‘risidan ham o‘g‘il ko‘rib, ismini Omolek qo‘ydi. Esovning Oidadan ko‘rgan nabiralari ana shular edi. Ruvelning o‘g‘illari ismi Naxat, Zerax, Shammox va Mizzo edi. Bular Esovning xotini Bosimatning nabiralari edi. Esov Anahning qizi Oxolibomdan ham uchta o‘g‘il ko‘rgan edi. O‘g‘illarining ismi Yoush, Yalom va Ko‘rax edi. Esovning o‘g‘illari va nabiralari quyidagi urug‘larning yo‘lboshchilari bo‘ldilar: Esovning to‘ng‘ich o‘g‘li Elifazning o‘g‘illari quyidagi urug‘larning yo‘lboshchilari bo‘ldilar: Temon, O‘mar, Zafo‘, Xanaz, Ko‘rax, Gatam va Omolek urug‘lari. Edom yurtidagi bu urug‘lar Esovning xotini Oidadan paydo bo‘lgan edi. Esov o‘g‘li Ruvelning o‘g‘illari quyidagi urug‘larning yo‘lboshchilari bo‘ldilar: Naxat, Zerax, Shammox va Mizzo urug‘lari. Edom yurtidagi bu urug‘lar Esovning xotini Bosimatdan paydo bo‘lgan edi. Esovning xotini Oxolibomdan ko‘rgan o‘g‘illari quyidagi urug‘larning yo‘lboshchilari bo‘ldilar: Yoush, Yalom va Ko‘rax urug‘lari. Oxolibomning otasi Anah edi. Esovdan (ya’ni Edom) kelib chiqqan urug‘larning hammasi ana shulardir. [20-21] Edom yurtining tub aholisi qabilalarga bo‘lingan edi. Bu qabilalarning ota–bobosi Seir degan odam bo‘lib, u Xorim xalqidan edi. Seirning quyidagi nasllari urug‘larga asos soldi: Lo‘ton, Sho‘val, Zibo‘n, Anah, Dishon, Ezer va Dishan. *** Lo‘tonning o‘g‘illari ismi Xo‘ri va Xo‘mam edi. Lo‘tonning Timna degan singlisi ham bor edi. Sho‘valning o‘g‘illari ismi Elvon, Monaxat, Ebal, Shafo va O‘nam edi. Zibo‘nning o‘g‘illari ismi Oyo va Anah edi. Anah otasi Zibo‘nning eshaklarini boqib yurganda, sahroda issiq buloqlar topgan edi. Anahning o‘g‘li ismi Dishon edi. Anahning Oxolibom degan qizi ham bor edi. Dishonning o‘g‘illari ismi Xamdon, Eshbon, Yitron va Xeron edi. Ezerning o‘g‘illari ismi Bilxan, Zavon va Oqon edi. Dishanning o‘g‘illari ismi Uz va Oron edi. Shunday qilib, quyidagilar Xorim xalqi urug‘larining yo‘lboshchilari bo‘ldi: Lo‘ton, Sho‘val, Zibo‘n, Anah, Dishon, Ezer va Dishan. Xorim xalqining urug‘lari Seir yurtida yashagan urug‘ yo‘lboshchilari nomi bilan yuritilgan. Isroilda shohlar bo‘lmasdan oldin, Edomda shohlar hukmronlik qilgan edi. Bu shohlar quyidagilardir: Bavo‘r o‘g‘li Belax, u Dinxaba shahridan edi. Belax vafot etgach, uning o‘rniga Zerax o‘g‘li Yo‘vov shoh bo‘ldi. U Bozrax shahridan edi. Yo‘vov vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Xushom shoh bo‘ldi. U Temon yurtidan edi. Xushom vafot etgach, uning o‘rniga Badad o‘g‘li Hadad shoh bo‘ldi. U Obit shahridan edi. Hadad Mo‘ab yurtida Midiyon lashkarini qirib tashlagan edi. Hadad vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Samlo shoh bo‘ldi. U Masrixo shahridan edi. Samlo vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Shovul shoh bo‘ldi. U Furot daryosi bo‘yidagi Rexobo‘t shahridan edi. Shovul vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Axbor o‘g‘li Baalxanon shoh bo‘ldi. Baalxanon vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Hadad shoh bo‘ldi. U Pog‘u shahridan edi. Hadadning xotini Maxitaval edi, Maxitavalning otasi Matrid, bobosi Mezaxab edi. Esov urug‘larining yo‘lboshchilari nomlari quyidagichadir: Timno, Elvo, Yetet, Oxolibom, Elox, Pinon, Xanaz, Temon, Mivzar, Maxdiyol va Irom. Edom xalqining ota–bobosi Esov urug‘larining nomlari ana shulardir. Har bir urug‘ o‘zi egallagan hududga o‘zining nomini bergan. Is’hoq vafot etgandan keyin, Yoqub yana Kan’on yurtida — otasi yashagan yurtda o‘rnashdi. Yoqubning xonadoni tarixi quyidagichadir. Yusuf o‘n yetti yoshga kirganda, ko‘pincha o‘gay akalari — Bilxax va Zilponing o‘g‘illari bilan birga otasining qo‘y–echkilarini boqqani borar edi. Yusuf akalari qilayotgan ba’zi yomon ishlardan otasini xabardor qilib turar edi. Yoqub Yusufni qarigan chog‘ida ko‘rgani uchun, boshqa o‘g‘illariga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘rar edi. Yoqub Yusufga beqasam chopon olib berdi. Akalari ko‘rdilarki, otalari Yusufni ulardan ortiq yaxshi ko‘rar ekan. Shuning uchun akalari Yusufni yomon ko‘rib qoldilar, unga yaxshi gapirmasdilar. Kunlarning birida Yusuf tush ko‘rdi. U akalariga tushini aytib berganda, akalari Yusufni battar yomon ko‘rib qoldilar. Yusuf akalariga shunday dedi: — Tushimga quloq solinglar, men tush ko‘ribman. Biz dalada bug‘doy bog‘layotgan ekanmiz. Birdan mening bog‘lamim ko‘tarilib, tik turibdi. Sizlarning bog‘lamlaringiz mening bog‘lamimni o‘rab olib, ta’zim qilayotgan emish. — Eh–ha, sen hali bizning ustimizdan shoh bo‘lmoqchimisan, sen–a?! — deb akalari kinoya bilan undan so‘rashdi. Ko‘rgan tushini aytib bergani uchun akalari uni yana ham yomon ko‘rib qolishgan edi. Keyinroq Yusuf yana tush ko‘rdi va tushini akalariga aytib berdi: — Qaranglar, yana tush ko‘ribman. Tushimda quyosh, oy va o‘n bitta yulduz menga ta’zim qilib turgan emish. Lekin Yusuf tushini otasi bilan akalariga aytib berganda, otasi unga tanbeh berdi: — Qanaqa tush ko‘rding o‘zi?! Men, onang, akalaring sening oldingga kelib, tiz cho‘kishimiz kerak ekan–da?! Akalari Yusufga hasad qilishardi. Lekin otasi bu voqeani doimo esida tutdi. Bir kuni Yusufning akalari otalarining qo‘y–echkilarini boqish uchun Shakamga ketishdi. Yoqub Yusufga: — Akalaring Shakamda qo‘y–echkilarni boqishyapti, — dedi. — Seni akalaring oldiga yuborsam, degandim. — Xo‘p bo‘ladi, otajon, — dedi Yusuf. — Borib bil–chi, akalaring tinch–omon yurishibdimikan, qo‘y–echkilarning ahvoli yaxshimikan, — dedi Yoqub, — keyin menga xabarini olib kel. Shunday qilib, Yoqub Yusufni Xevron vodiysidan yo‘lga jo‘natdi. Yusuf Shakamga yetib keldi. O‘sha atrofda aylanib yurgan edi, bir odam uni ko‘rib qoldi. — Nimani izlab yuribsan? — deb so‘radi haligi odam. — Akalarimni izlab yuribman, — dedi Yusuf. — Mabodo bilmaysizmi, qo‘y–echkilarni qayerda boqib yurishibdi ekan? — Ular bu yerdan ketishgan, — dedi o‘sha odam. — Akalaring, Do‘tanga boramiz, deb aytganlarini eshitgan edim. Yusuf akalarini izlab Do‘tanga ketdi. Ularni o‘sha yerdan topdi. Ular uzoqdan Yusufni ko‘rishdi. Yusuf kelmasdan oldin, akalari uni o‘ldirish uchun fitna tayyorlab qo‘ydilar. Ular bir–birlariga: — Ana tush ko‘ruvchi kelyapti, — deyishdi. — Kelinglar, uni o‘ldirib, chuqur sardobaga tashlaymiz. Uni yovvoyi hayvon yeb ketdi, deb gap tarqatamiz. O‘shanda ko‘ramiz uning tushlari haqiqatga aylanishini! Lekin Ruben Yusufni ularning qo‘lidan qutqarmoqchi bo‘ldi: — Uning joniga qasd qilmaylik, — dedi Ruben, — qon to‘kmaylik. Uni anavi sardobaga tiriklayin tashlab yubora qolaylik. Zinhor unga qo‘l tekkizmaylik. Ruben Yusufni ularning qo‘lidan qutqarib, otasi yoniga qaytarmoqchi edi. Shunday qilib, Yusuf yetib kelgach, akalari uning beqasam choponini yechib oldilar–da, o‘zini sardobaga tashlab yubordilar. Sardoba suv saqlash uchun foydalanilardi–yu, o‘sha paytda quruq edi. Shundan keyin ular ovqatlanib o‘tirishgan edi, uzoqdan shu tomonga kelayotgan tuyalar karvonini ko‘rib qolishdi. Karvon Ismoiliy savdogarlar bo‘lib, tuyalarga Giladdan xushbo‘y ziravorlar, mumiyo, mirra yuklab, Misrga olib ketishayotgan edi. Shunda Yahudo aka–ukalariga dedi: — Ukamizni o‘ldirib, qonini yashirganimiz bilan biror foyda toparmidik?! Yaxshisi, anavi savdogarlarga sotaylik. Shunda uning o‘limida javobgar bo‘lib qolmaymiz. Nima bo‘lganda ham, u ukamiz, jigarimiz–ku! Hamma aka–ukalari rozi bo‘lishdi. Ismoiliy savdogarlar o‘tib ketishayotganda, Yusufni akalari sardobadan tortib chiqardilar va uni yigirma bo‘lak kumushga sotdilar. Savdogarlar Yusufni Misrga olib ketdilar. Bir payt Ruben sardoba oldiga qaytib kelib qarasa, sardobada Yusuf yo‘q. Ruben qayg‘udan kiyimlarini yirtdi. U ukalari oldiga qaytib keldi va: — Bola u yerda yo‘q! Endi nima qilaman–a! — deb yig‘ladi. So‘ng ular bir echkini so‘yib, Yusufning choponini echkining qoniga botirdilar. Ular beqasam choponni otalariga olib keldilar. — Mana bu choponni daladan topib oldik. Qarang–chi, bu Yusufning choponimikan yoki yo‘qmi? Yoqub Yusufning choponini tanidi. — E–voh! Bu o‘g‘limning choponi–ku! Uni birorta yovvoyi hayvon yegan! Yusuf o‘g‘lim tilka–pora bo‘lgan! Yoqub qayg‘udan kiyimlarini yirtib, qanorga o‘randi. O‘g‘li uchun uzoq vaqt aza tutdi. O‘g‘illari, qizlari unga tasalli berishga harakat qilishardi. Lekin u tasalli topishni istamasdi. “O‘liklar diyoriga, o‘g‘limning oldiga borgunimcha aza tutaman”, deb aytardi. Shunday qilib, Yoqub o‘g‘liga aza tutaverdi. Shu orada Ismoiliy savdogarlar Yusufni Misrda Po‘tifar degan odamga sotishdi. Po‘tifar Misr shohi — fir’avnning a’yonlaridan biri — saroy qo‘riqchilarining boshlig‘i edi. Shu orada Yahudo aka–ukalaridan ajralib, alohida bo‘ldi va Adullam shahriga ko‘chib keldi. U Xirax degan odamga yaqin joyga o‘rnashdi. Xirax o‘sha yerlik edi. Yahudo bu yerda Kan’on xalqidan bo‘lgan bir qizni uchratib qoldi. Bu qiz Shuvo degan odamning qizi edi. Yahudo o‘sha qizga uylandi. O‘sha ayol homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. Yahudo o‘g‘liga G‘ur, deb ism qo‘ydi. Yahudoning xotini yana homilador bo‘lib, ikkinchi o‘g‘lini tug‘di. Bu o‘g‘liga O‘nan, deb ism qo‘ydi. Yahudoning xotini uchinchi o‘g‘lini tug‘di va unga Shelo, deb ism qo‘ydi. Bu o‘g‘li tug‘ilganda, Yahudo Xazib shahrida edi. To‘ng‘ich o‘g‘li G‘ur ulg‘aygach, Yahudo uni Tamara degan qizga uylantirdi. Lekin G‘ur Egamizning oldida qabihlik qilardi. Oxiri, Egamiz uning jonini oldi. Shundan keyin Yahudo O‘nanga aytdi: — Sen akangning xotiniga uylanib, qaynag‘alik burchingni bajar, toki akangga zurriyot qolsin. Lekin O‘nan bilardiki, tug‘iladigan bola o‘ziniki hisoblanmasdi. Shu sababdan O‘nan har safar Tamaraning yoniga kirganda, akamga zurriyot qolmasin, deb urug‘ini yerga to‘kardi. O‘nan bu qilmishi bilan Egamizning oldida qabihlik qilayotgan edi. Shuning uchun Egamiz O‘nanning ham jonini oldi. Shundan keyin Yahudo kelini Tamaraga: — Otangning uyiga borib turmushga chiqmay, o‘tira tur–chi, o‘g‘lim Shelo ulg‘ayib qolar, — dedi. Chunki Yahudo: “Shelo ham akalariga o‘xshab o‘lib qolmasin”, deb qo‘rqqan edi. Shunday qilib, Tamara otasining uyiga qaytib ketdi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Yahudoning xotini vafot etdi. Yahudo aza muddatini tugatgandan keyin, Adullamlik do‘sti Xirax bilan birga Timnax shahriga — qo‘ylarining junini qirqayotganlardan xabar olgani ketdi. Kimdir Tamaraga: “Qaynatang qo‘ylarining junini qirqayotganlardan xabar olgani Timnaxga ketyapti”, deb aytib qoldi. Tamara egnidagi azadorlik liboslarini o‘zgartirdi. Yuzini ro‘mol bilan berkitib oldi–da, Enayim shahri darvozasida o‘tirdi. Bu shahar Timnaxga boradigan yo‘lda edi. Yahudoning kichik o‘g‘li Shelo voyaga yetganini Tamara bilardi. Lekin haligacha Tamarani Sheloga olib bermagan edilar. Yahudo Tamarani ko‘rib qoldi. Tamara yuzini berkitib olgani uchun, Yahudo: “Bu ayol fohisha bo‘lsa kerak”, deb o‘yladi. Yahudo yo‘l bo‘yida o‘tirgan Tamaraning oldiga keldi. Bu ayol o‘zining kelini ekanini Yahudo bilmagani uchun, unga: “Men bilan birga bo‘lgin”, deb taklif qildi. — Siz bilan bo‘lsam, evaziga nima berasiz? — deb so‘radi Tamara. — Suruvimdan bir uloqcha yuboraman, — dedi Yahudo. — Uloqchani yuborguningizcha, menga garovga biron narsa qoldirib ketsangiz, — dedi Tamara. — Bo‘pti, garovga nima beray? — deb so‘radi Yahudo. — Bo‘yningizdagi muhringizni bog‘ichi bilan, yana qo‘lingizdagi tayog‘ingizni, — dedi Tamara. Shunday qilib, Yahudo o‘sha narsalarni Tamaraga berdi. Keyin u bilan bo‘ldi. Tamara Yahudodan homilador bo‘lib qoldi. Tamara uyiga bordi. Yuzidagi yopinchig‘ini olib, azadorlik liboslarini yana kiyib oldi. Yahudo do‘sti Xiraxdan: “Mana bu uloqchani olib borib o‘sha ayolga ber, men unga bergan garovni qaytarib ol”, deb iltimos qildi. Lekin Xirax u ayolni topa olmadi. Xirax shu yerlik odamlardan: — Mana shu shaharning darvozasi yonida yo‘l chetida bir fohisha o‘tirar edi, o‘sha fohisha qayerda? — deb so‘radi. — Bu yerda hech qanday fohisha yo‘q, — deb javob berishdi o‘sha odamlar. Xirax Yahudoning oldiga qaytib kelib: — U ayolni topa olmadim, — dedi, — shahar odamlari ham, bu yerda hech qanday fohisha yo‘q, deb aytishdi. — Mayli, o‘sha narsalarim u ayolga qolaversin, — dedi. — Men unga uloqcha jo‘natgandim, sen topa olmading. Aks holda masxara bo‘lardik. Taxminan uch oydan keyin Yahudo: “Kelining Tamara fohisha ekan, homilador bo‘lib qolibdi”, degan gap eshitdi. — Uni shahardan tashqariga olib chiqib yoqib yuboringlar! — deb buyurdi Yahudo. Tamarani olib chiqqanlarida, u qaynatasiga shu xabarni yubordi: “Men mana bu bog‘ichi bor muhr va tayoqning egasidan homilador bo‘lganman, iltimos, bu narsalarning egasini aniqlasangiz”, deb xabar yubordi. Yahudo bu narsalarni tanib, dedi: “Men zimmamdagi majburiyatimni bajarmadim — Tamarani o‘g‘lim Sheloga olib bermadim, Tamara esa to‘g‘ri ish qildi.” Shundan keyin Yahudo Tamara bilan boshqa bo‘lmadi. Tamaraning ko‘zi yoriydigan payt yaqinlashganda, uning qornida egizaklar borligi ma’lum bo‘ldi. Tamara tug‘ayotganda, egizaklardan biri qo‘lini tashqariga chiqardi. Doya: “Bunisi birinchi bo‘lib tug‘ildi”, deb chaqaloqning qo‘liga qizil ip bog‘lab qo‘ydi. Lekin chaqaloq qo‘lini ichkariga tortib olishi bilan ikkinchisi tug‘ildi. Doya: “Sen yo‘lingni o‘zing yorib chiqding!” dedi. Shu sababdan unga Paraz, deb ism qo‘yildi. So‘ngra qo‘liga qizil ip bog‘langan chaqaloq tug‘ildi. Unga Zerax, deb ism qo‘yildi. Ismoiliy savdogarlar Yusufni Misrga olib kelishgach, uni Misrlik Po‘tifar degan bir odamga sotishdi. Po‘tifar fir’avnning a’yonlaridan biri bo‘lib, qo‘riqchilar boshlig‘i edi. Egamiz Yusuf bilan birga bo‘lib, unga ko‘p omad keltirardi. Yusuf Misrlik xo‘jayinining xonadonida xizmat qilib yuraverdi. Po‘tifar ko‘rdiki, Egamiz Yusuf bilan birga bo‘lib, har bir qilgan ishida unga omad beryapti. Shunday qilib, Yusuf xo‘jayinining iltifotiga sazovor bo‘ldi, xo‘jayinining mulozimi bo‘lib qoldi. Po‘tifar Yusufni o‘z xonadoni ustidan nazoratchi qilib, butun mol–mulkini unga ishonib topshirdi. Po‘tifar Yusufni nazoratchi qilib tayinlagani uchun Egamiz Yusuf tufayli Po‘tifarning xonadoni ahliga, uning uyidagi va dalasidagi butun mol–mulkiga baraka berdi. Shunday qilib, Po‘tifar butun mol–mulkini Yusufning ixtiyoriga qoldirdi. Po‘tifarning yeydigan ovqatidan boshqa hech narsa bilan ishi bo‘lmasdi. Yusuf juda chiroyli, kelishgan yigit edi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, xo‘jayinining xotini Yusufga ko‘zlarini suzib: “Men bilan birga bo‘l”, deb taklif qildi. Lekin Yusuf rad qildi va xo‘jayinining xotiniga dedi: — O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, men bu yerda bo‘lganim uchun, xo‘jayinim xonadonidagi hech bir narsa to‘g‘risida qayg‘urmaydi, hamma narsasini mening qo‘limga topshirib qo‘ydi. Bu xonadonda hech kim mendan katta emas. Sizdan boshqa biror narsani mendan ayamadi. Chunki siz uning xotinisiz. Qanday qilib men shu qadar qabihlik qilib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?! Po‘tifarning xotini har kuni Yusufga taklif qilsa ham, lekin Yusuf rad qilib, u bilan bo‘lmadi. Bir kuni Yusuf o‘z ishlarini bajarish uchun uyga kirdi. Uyda xizmatkorlardan birontasi ham yo‘q edi. Ayol Yusufning kiyimidan ushlab: “Men bilan bo‘l!” dedi. Lekin Yusuf tashqariga qochib chiqib ketdi. Yusufning kiyimi esa ayolning qo‘lida qoldi. Ayol ko‘rdiki, Yusuf kiyimini uning qo‘lida qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi. Shunda ayol uydagi xizmatkorlarni chaqirdi. Ayol ho‘ngrab dedi: — Qaranglar! Manavi ibroniyni erim, sizlarni tahqirlasin, deb olib kelgan ekan! U men bilan yotgani kirgan ekan, ovozim boricha baqirdim. Dodlaganimdan keyin, kiyimini yonimda qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi. Xo‘jayin uyga kelguncha, ayol Yusufning kiyimini o‘zida saqlab turdi. Ayol eriga ham o‘sha voqeani aytib berdi: “Siz uyimizga olib kelgan anavi ibroniy qulvachchasi xonamga kirib, meni tahqirlamoqchi bo‘ldi. Men dod solgan edim, u kiyimini yonimda qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi.” Po‘tifar xotinidan Yusufning qilgan muomalasini eshitgach, g‘azablandi. Po‘tifar Yusufni ushlab, shohning mahbuslari saqlanadigan zindonga tashladi. Shunday qilib, Yusuf zindonda qolaverdi. Lekin Egamiz Yusuf bilan birga bo‘lib, unga inoyat ko‘rsatardi. Natijada zindonboshi Yusufga iltifot qilardi. Zindonboshi zindondagi hamma mahbuslarga qarab turishni Yusufga yuklab qo‘ydi, zindonda bo‘ladigan hamma ishlarga Yusuf mas’ul edi. Egamiz Yusuf bilan birga bo‘lib, uning hamma ishlariga omad berar edi. Shuning uchun Yusuf mas’ul bo‘lgan ishlarga zindonboshi aralashmasdi. Bir kuni soqiysi bilan novvoyi Misr fir’avnini qattiq xafa qildi. Fir’avn bu ikkala a’yonidan — soqiy bilan novvoyidan g‘azablanib, ularni ham Yusuf yotgan zindonga qamatib qo‘ydi. Zindon qo‘riqchilar boshlig‘ining uyida edi. Qo‘riqchilar boshlig‘i Yusufni soqiy bilan novvoyning xizmatiga qo‘ydi. Yusuf ularga xizmat qila boshladi. Ular ancha vaqt zindonda qoldilar. Fir’avnning soqiysi bilan novvoyi zindonda yotar ekanlar, bir kuni kechasi ikkovi ham tush ko‘rdilar. Har bir tushning o‘ziga xos ma’nosi bor edi. Ertalab Yusuf ularning yoniga keldi. Ularning yuzi g‘amgin edi. Yusuf buni payqadi. — Nimaga bugun juda g‘amgin ko‘rinasizlar? — deb so‘radi Yusuf ulardan. — Biz tush ko‘rgan edik, bu yerda tushimizni ta’birlab beradigan biron kimsa yo‘q, — deb javob berishdi ular. — Tushlarni ta’birlash Xudodandir, — dedi Yusuf. — Marhamat, tushingizni menga ayting–chi. Avval soqiy tushini Yusufga aytib berdi: — Tushimda tok ko‘ribman. Tok oldimda turgan emish. Tokning uchta novdasi bor ekan. Novdalar darrov kurtak otib, meva tugib uzumlar pishibdi. Fir’avnning qadahi qo‘limda emish. Men uzumlarni olib, fir’avnning qadahiga uzumning sharbatini siqibman. Keyin qadahni fir’avnning qo‘liga beribman. Yusuf unga dedi: — Tushingizning ta’biri shunday bo‘lur: uchta novda — uch kun degani. Uch kun ichida fir’avn sizni zindondan ozod qilib, oldingi mansabingizga qaytaradi: siz yana soqiy bo‘lib, ilgarigiday shohga qadah tutasiz. Lekin sizdan bir iltimos: ishlaringiz yaxshi bo‘lib ketganda, meni ham eslab qo‘ying. Siz menga iltifot ko‘rsatib, fir’avnga men to‘g‘rimda ham eslatib qo‘ying: meni zindondan chiqarib olsin. Men aslida ibroniylar yurtidan o‘g‘irlab keltirilganman. Buning ustiga, yana bu yerda zindondaman, lekin hech qanday aybim yo‘q. Novvoy qarasa, tushning ta’biri yaxshilikka ekan. U Yusufga dedi: — Men ham tush ko‘ribman. Boshimda uchta non savatni olib ketayotgan emishman. Eng tepadagi savatda fir’avnga atalgan pishiriqlarning har turidan bor ekan. Lekin qushlar uchib kelib, boshimdagi savatdan pishiriqlarni cho‘qiyotgan ekan. — Tushingizning ta’biri shunday bo‘lur, — dedi Yusuf. — Uchta savat — uch kun degani. Uch kun ichida fir’avn boshingizni tanangizdan judo qilib, tanangizni tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqtiradi. Qushlar tanangizni cho‘qib yeydi. Oradan uch kun o‘tgach, fir’avn tug‘ilgan kunida barcha a’yonlariga ziyofat berdi. Soqiysi bilan novvoyini ham zindondan a’yonlari oldiga chaqirtirdi. Fir’avn soqiysini ozod qilib oldingi mansabiga qaytardi. Shunday qilib, soqiy yana fir’avnga qadah tutadigan bo‘ldi. Lekin Yusuf aytganday, fir’avn novvoyning boshini oldirib, jasadini tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqtirdi. Soqiy esa Yusufni eslamadi, uni unutib yubordi. Oradan ikki yil o‘tdi. Bir kuni Misr fir’avni tush ko‘rdi. Tushida u Nil daryosi bo‘yida turgan emish. Bir payt daryodan yettita boqilgan, semiz sigir chiqib, qirg‘oqdagi o‘tlarni yeya boshlabdi. So‘ngra daryodan yana yettita sigir chiqibdi. Bu sigirlar juda ham xunuk, oriq ekan. Bular semiz sigirlarning yoniga kelib turibdi. Bir vaqt oriq sigirlar semiz sigirlarni yeb qo‘yibdi! Shundan keyin fir’avn uyg‘onib ketdi. So‘ngra u yana uxlab qoldi va boshqa tush ko‘rdi. Tushida bitta bug‘doy poyasida yettita to‘liq, pishgan boshoq o‘sgan emish. Keyin o‘sha poyada yana yettita boshoq o‘sib chiqibdi. Bu boshoqlar sahro shamolida qovjirab, puchayib ketgan ekan. Birdan puchaygan boshoqlar yettita pishgan, to‘liq boshoqni yutib yuboribdi! Fir’avn yana uyg‘onib ketdi. Bu tushi ekan. Fir’avn saharda ko‘rgan tushini o‘ylab, ko‘ngli juda g‘ash bo‘ldi. “Tushim nimadan darak berar ekan”, deb juda xavotirlandi. Shu boisdan Misrdagi jamiki sehrgarlarni va donishmandlarni chaqirtirdi. Fir’avn ularga ko‘rgan tushini aytib berdi. Lekin ularning birontasi fir’avnning tushini ta’bir qilib bera olmadi. Shu orada fir’avnning soqiysi so‘z oldi: — Bugun ayblarimni e’tirof etishimga to‘g‘ri keladi. Janobi oliylari! Siz birmuncha vaqt oldin novvoy bilan mendan g‘azablanib, bizni qo‘riqchilar boshlig‘ining uyidagi zindonga tashlagan edingiz. Novvoy bilan men bir kuni kechasi tush ko‘ribmiz. Ikkovimizning tushimizning o‘ziga xos ma’nosi bor edi. Biz bilan zindonda bir ibroniy yigiti ham yotgan edi. U qo‘riqchilar boshlig‘ining xizmatkori edi. Biz o‘sha ibroniy yigitiga tushimizni aytganimizda, har birimizning tushimizni ta’bir qilib berdi. Hammasi o‘sha ibroniy yigiti aytganday bo‘ldi. Men oldingi mansabimga qaytdim, novvoyni esa tik o‘rnatilgan xodaga qoqishdi. Fir’avn Yusufga odam yubordi. Yusuf zudlik bilan zindondan chiqarildi. U soqolini olib, kiyimlarini o‘zgartirdi–da, fir’avnning huzuriga keldi. — O‘tgan kechasi men tush ko‘rdim, — deb gap boshladi fir’avn Yusufga. — Lekin hech kim tushimni ta’bir qilib bera olmadi. Eshitishimcha, sen tushlarni ta’birlay olar ekansan. Shu sababdan seni chaqirtirgan edim. — Janobi oliylari, men o‘zim tushingizni ta’birlay olmayman, — deb javob berdi Yusuf. — To‘g‘ri javobni sizga Xudo beradi. Shundan keyin fir’avn Yusufga tushini aytdi: — Tushimda Nil daryosi bo‘yida turgan emishman. Bir payt daryodan yettita boqilgan, semiz sigir chiqib, qirg‘oqdagi o‘tlarni yeya boshlabdi. So‘ngra daryodan yana yettita sigir chiqibdi. Bu sigirlar juda ham xunuk, oriq ekan. Bunaqangi xunuk sigirni butun Misr yurtida ko‘rmagan edim. Bir vaqt oriq, xunuk sigirlar daryodan oldin chiqqan semiz sigirlarni yeb qo‘yibdi. Xunuk sigirlar semiz sigirlarni yegandan keyin ham, ular hech narsa yemaganday xunukligicha turaverdilar. Shundan keyin uyg‘onib ketibman. So‘ngra yana uxlab qolib, boshqa tush ko‘ribman. Tushimda bitta bug‘doy poyasida yettita to‘liq, pishgan boshoq o‘sgan emish. Keyin o‘sha poyada yana yettita boshoq o‘sib chiqibdi. Bu boshoqlar sahro shamolida so‘lib, qovjirab, puchayib ketgan ekan. Birdan puchaygan boshoqlar yettita pishgan, to‘liq boshoqni yutib yuboribdi! Men tushimni sehrgarlarimga aytgan edim, lekin birontasi ham ma’nosini aytib bera olmadi. — Fir’avn janobi oliylarining ikkala tushining ma’nosi ham birdir, — dedi Yusuf fir’avnga. — Xudo nima qilmoqchi ekanini fir’avnimizga ayon etibdi. Yettita semiz sigir va yettita to‘liq boshoq yetti yil deganidir, bularning ma’nosi birdir. Shu yillari farovonlik bo‘ladi. Yettita ozg‘in, xunuk sigir bilan yettita puchaygan boshoq ham yetti yil deganidir. Shu yillari qahatchilik bo‘ladi. Fir’avn janoblari! Aytganimday, Xudo nima qilmoqchi ekanini sizga ko‘rsatibdi. Butun Misr yurtida yetti yil davomida hosil nihoyatda mo‘l bo‘ladi. Lekin shundan keyin yetti yil davomida shunday dahshatli qahatchilik bo‘ladiki, Misrda oldingi farovonlik yillari unutilib ketadi. Qahatchilik yurtni xarob qiladi. Qahatchilik nihoyatda og‘ir bo‘lganidan, odamlar xotirasidan farovonlik davri tamomila o‘chib ketadi. Fir’avn janoblari ikki marta tush ko‘rganlarining ma’noosi shuki, bu ish muqarrar yuz berishini Xudo ta’kidlayapti, Xudo buni yaqin orada amalga oshiradi. Shuning uchun, fir’avn janoblari, siz aql–idrokli, dono bir odamni tanlab olib, Misr yurti ustidan tayinlang. Yana yurt ustidan nazoratchilar tayin qiling. O‘sha nazoratchilar hosildor yetti yil davomida Misr yurtidagi butun hosilning beshdan bir qismini olsinlar. Ularga farmon bering: farovonlik yillari davomida ular don g‘amlashsin, sizning nazoratingiz ostida shaharlarda don yig‘ib, qo‘riqlashsin. Shu yo‘l bilan yetti yil qahatchilik davrida oziq–ovqat bo‘lsin, deb don g‘amlanib turadi. Aks holda qahatchilik shubhasiz yurtni xarob qiladi, butun xalq halok bo‘ladi. Yusufning maslahati fir’avnga ham, uning barcha a’yonlariga ham juda ma’qul keldi. Fir’avn a’yonlariga: “Biz Yusufdan boshqa Xudoning Ruhi boshqaradigan birorta odamni topa olarmidik”, deb aytdi. Shu boisdan Yusufga: — Xudo bularning hammasini senga ayon qilgan ekan, bu yurtda eng aql–idrokli, dono odam sensan, — dedi. — Men seni o‘zimga vazir qilib tayinlayman, butun xalqim sening buyrug‘ingga itoat etadi. Men sendan faqat taxtim bilan ustunman, xolos. Fir’avn yana Yusufga: — Mana, seni butun Misr yurti ustidan hokim qilib tayinladim, — dedi. So‘ng fir’avn o‘zining muhr uzugini barmog‘idan chiqarib, Yusufning barmog‘iga taqib qo‘ydi. U Yusufga shohona liboslar kiygizib, bo‘yniga oltin zanjir taqib qo‘ydi. Fir’avn Yusufga o‘ng qo‘l vazir sifatida izvoshini ham taqdim qildi. Yusuf qayerga bormasin, odamlarga: “Tiz cho‘kinglar!” degan buyruq berilardi. Shunday qilib, fir’avn Yusufni butun Misr yurti ustidan hokim qildi. Fir’avn Yusufga yana shunday dedi: — Men fir’avn bo‘lsam ham, butun Misr yurtida biron kimsa sening ijozatingsiz hatto miq etolmaydi. Fir’avn Yusufga Zofnat–Paniyox, deb ism qo‘ydi va On shahri ruhoniysi Po‘tiferoning qizi Osanatni olib berdi. Shunday qilib, Yusuf butun Misr yurtida hokim bo‘lib qoldi. Yusuf Misr fir’avni xizmatiga kirgan paytda, o‘ttiz yoshda edi. Yusuf fir’avn saroyidan chiqib, butun Misr yurtini kezib chiqardi. Yetti yil farovonlik davrda yer mo‘l–ko‘l hosil berdi. Shu yillar davomida Yusuf Misrda yetishtirilgan hosildan bir qismini olib, shaharlarda don g‘amladi. Xususan har bir shahar atrofidagi dalalardan o‘sha shaharga don yig‘ilardi. Yusuf shunchalik ko‘p don g‘amladiki, dengizdagi qumdek ko‘p edi. Shuning uchun donni o‘lchamay qo‘ydi. Don behisob darajada ko‘p edi. Qahatchilik yillari boshlanishidan oldin, Yusuf xotini Osanatdan ikki o‘g‘il ko‘rdi. Yusuf: “Qayg‘ularimni va otam xonadonini Xudo esimdan chiqardi”, deb to‘ng‘ich o‘g‘lining ismini Manashe qo‘ydi. Ikkinchi o‘g‘lining ismini Efrayim qo‘ydi. “Chunki, — dedi Yusuf, — men azob–uqubat tortgan yurtda Xudo meni barakali qildi.” Nihoyat, hosildor yetti yil ham tugadi. Yusuf ta’bir qilganday, yetti yillik qahatchilik boshlandi. Atrofdagi hamma yurtlarda don tanqis bo‘lib, Misr yurtidagina non bor edi. Oxiri, Misr yurtida ham ocharchilik boshlandi. Misr xalqi non so‘rab fir’avnga yolvordi. Fir’avn esa xalqqa: “Yusufga boringlar, u nima desa, shuni qilinglar”, dedi. Qahatchilik kuchayib, butun yurtga yoyilgach, Yusuf hamma omborxonalarning eshiklarini ochib, Misrliklarga don sota boshladi. Butun dunyo bo‘ylab qahatchilik kuchayib borar, shuning uchun atrofdagi yurtlarning xalqlari Yusufdan don sotib olgani Misrga kelishardi. Yoqub: “Misrda don bor ekan”, deb eshitgach, o‘g‘illariga dedi: — Bir–birlaringizga termulib o‘tiraverasizlarmi? Misrda don bor ekan, deb eshitdim. Boringlar, o‘zimizga don sotib olib kelinglar, tag‘in ochlikdan o‘lib ketmaylik. Shunday qilib, Yusufning o‘nta akasi don sotib olgani Misrga ketishdi. Lekin Yoqub Yusufning ukasi Benyaminni o‘g‘illari bilan birga yubormadi. “Benyamin ham biror falokatga yo‘liqmasin”, deb qo‘rqardi. Shunday qilib, Yoqubning o‘g‘illari don sotib olgani kelgan boshqa odamlar bilan birga Misrga kelishdi. Chunki Kan’on yurtiga ham ocharchilik yetib kelgandi. Yusuf bu paytda butun Misr ustidan hokim bo‘lgani uchun, yurt xalqiga don sotar edi. Yusufning akalari kelib, boshlari yerga tekkuday bo‘lib, unga ta’zim qilishdi. Yusuf akalarini ko‘riboq, darrov tanidi. Lekin Yusuf ularga xuddi notanishlarday muomala qildi: — Qayerdan keldingiz? — deb dag‘allik bilan so‘radi Yusuf ulardan. — Kan’on yurtidan, don sotib olgani keldik, — deb javob berishdi ular. Yusuf akalarini tanigan bo‘lsa ham, akalari Yusufni tanimadilar. Yusuf akalari to‘g‘risida ancha yillar oldin ko‘rgan tushlarini esladi. Yusuf ularga: — Sizlar josussizlar! — dedi. — Sizlar bu yurtning zaif tomonlarini bilish uchun kelgansizlar. Yo‘q, hazrati oliylari! Bu qullaringiz faqat don sotib olgani kelishgan! — deb javob berdilar akalari. — Biz hammamiz bir odamning farzandlarimiz, to‘g‘ri odamlarmiz. Bu qullaringiz hech qachon josuslik qilishmagan! — Yo‘q! Sizlar bu yurtning zaif tomonlarini bilish uchun kelgansizlar! — dedi Yusuf. — Biz, qullaringiz, o‘n ikkita aka–ukamiz, otamiz Kan’on yurtida, — deyishdi ular. — Eng kichik ukamiz u yerda otamiz bilan qoldi. Bitta ukamiz esa nobud bo‘lgan. — Sizlar josussizlar dedimmi, josussizlar! — deya gapida turib oldi Yusuf. — Endi aytganlaringizni tekshirib ko‘raman. Fir’avnning nomini o‘rtaga qo‘yib qasam ichamanki, agar eng kichik ukangiz bu yerga kelmasa, sizlar Misrdan ketmaysizlar. Sizlardan bittangiz borib, ukangizni olib kelasizlar, qolganlaringiz zindonda yotib turasizlar. Aytganlaringiz to‘g‘rimi, yo‘qmi, tekshiriladi. Agar to‘g‘ri bo‘lmasa, fir’avnning nomini o‘rtaga qo‘yib qasam ichamanki, sizlar shubhasiz josus bo‘lib chiqasizlar. Yusuf ularning hammasini uch kun zindonga qamab qo‘ydi. Uchinchi kuni Yusuf ularga dedi: — Men Xudodan qo‘rqadigan odamman. Agar mening aytganlarimni qilsangiz, tirik qolasizlar. Agar to‘g‘ri odamlar bo‘lsalaringiz, bittangiz zindonda qolasiz, qolganlaringiz esa och qolgan oilalaringiz uchun don olib, uylaringizga ketishlaringiz mumkin. Kichik ukangizni mening oldimga olib kelasizlar. Shu yo‘l bilan sizlarning so‘zlaringizni tekshirib ko‘raman. Gaplaringiz to‘g‘ri bo‘lsa, sizlarga shafqat qilaman. Hammalari bu gapga rozi bo‘lishdi. Ular bir–birlariga gapira boshladi: “Mana, ukamizga nima qilgan bo‘lsak, endi jazosini tortyapmiz. U qanchalar azoblanganini ko‘zimiz bilan ko‘rib, yolvorishlarini eshitganimizda ham, quloq solmagan edik. Shu sababdan bu azoblar o‘zimizning boshimizga ham keldi.” Shunda Ruben ularga dedi: — Bolaga zarar yetkazmanglar, deb aytmaganmidim?! Lekin sizlar gapimga quloq solmadingiz. Mana endi uning qoni bizni tutadi. Yusuf shu yerda turgan edi. Aka–ukalar: “Gapimizni mana bu odam tushunadi”, deb xayollariga ham keltirmasdilar. Chunki Yusuf akalari bilan tilmoch orqali gaplashardi. Yusuf akalarining oldidan ketib, yig‘ladi. Bir oz o‘zini bosib olgach, qaytib kelib, ular bilan gaplashdi. So‘ng ularning orasidan Shimo‘nni ajratib oldi va ularning ko‘zi oldida bog‘latdi. Shundan keyin Yusuf xizmatkorlariga shunday buyruq berdi: “Bu odamlarning qoplarini donga to‘ldirib beringlar. Har birining kumushlarini qopiga qaytarib solib qo‘yinglar, ularga yo‘l uchun kerakli oziq–ovqat beringlar.” Hammasi Yusuf buyurganday bo‘ldi. Aka–ukalar donlarni eshaklariga yuklab, yo‘lga tushdilar. Kechasi bir joyda tunagani to‘xtadilar. Ulardan biri qopini ochib, eshagiga yem olmoqchi bo‘lgan edi, qarasa, qop ichida kumushlari turibdi! U aka–ukalariga: “Qaranglar! Mana kumushlarim! Qopimning ichida ekan!” deb hayratlandi. Shunda ularning yuraklari qinidan chiqquday bo‘lib qaltirab, bir–birlariga: “Obbo, bunisi Xudoning bizga nima qilgani ekan”, der edilar. Ular Kan’on yurtiga — otalari huzuriga qaytib kelganlaridan keyin, boshlaridan o‘tgan hamma voqealarni unga aytib berdilar: — O‘sha yurtning hokimi biz bilan juda qo‘pol gaplashdi, bizni, josussizlar, dedi. Lekin biz to‘g‘ri odam ekanimizni, josus emasligimizni aytdik. Unga: “Biz o‘n ikkita aka–ukamiz, bitta otaning farzandlarimiz, bitta ukamiz nobud bo‘lgan, eng kichik ukamiz otamiz bilan Kan’onda qolgan”, deb aytdik. Keyin o‘sha yurtning hokimi bizga aytdi: “Sizlarning to‘g‘ri odamlar ekaningizni tekshirib ko‘raman. Bittangiz men bilan qolasiz, boshqalaringiz esa och qolgan oilalaringiz uchun don olib ketaverasizlar. Eng kichik ukangizni mening oldimga olib kelasizlar. Ana shunda sizlar josus emas, balki to‘g‘ri odamlar ekaningizni bilib olaman. So‘ngra mana bu ukangizni sizlar bilan birga jo‘natib yuboraman. Sizlar don sotib olgani tez–tez kelib turaverasizlar.” Ular qoplarini bo‘shatayotganlarida, qarasalar, hammasining qopi ichida tugunchada kumushlari turibdi. Ota–bolalar tugunchalardagi kumushlarni ko‘rganlarida, vahimaga tushdilar. Shunda Yoqub o‘g‘illariga aytdi: — Meni hamma bolalarimdan judo qilmoqchimisizlar? Yusuf yo‘qoldi, Shimo‘n ham yo‘q, endi esa Benyaminni olib ketmoqchisizlar! Peshanam muncha sho‘r bo‘lmasa! Ruben otasiga dedi: — Agar Benyaminni sizga qaytarib olib kelmasam, mayli, mening ikkala o‘g‘limni o‘ldiravering! Benyaminni menga ishonib topshiring, o‘zingizga qaytarib olib kelib beraman. — O‘g‘lim sizlar bilan birga bormaydi, — dedi Yoqub. — Akasi Yusuf o‘lgan, o‘zi yolg‘iz qoldi. Yo‘lda u biror falokatga yo‘liqishi mumkin. Qariganimda meni qayg‘udan o‘liklar diyoriga kiritasizlar. Kan’on yurtida qahatchilik haddan ortiq kuchaydi. Yoqubning o‘g‘illari Misrdan olib kelgan donni yeb tugatishdi. Shundan keyin Yoqub o‘g‘illariga: — Yana borib, bir oz don sotib olib kelinglar, — dedi. Yahudo otasiga shunday dedi: — O‘sha odam, ukangizni olib kelmagunlaringizcha, ko‘zimga ko‘rinmanglar, deb bizni ogohlantirgan. Agar ukamizni biz bilan birga jo‘natsangiz, borib, sizga don sotib olib kelardik. Lekin Benyaminni yubormasangiz, biz ham bormaymiz. Chunki o‘sha odam, ukangizni olib kelmasangiz, ko‘zimga ko‘rinmanglar, deb aytgan. Yoqub: — Nimaga o‘sha odamga, yana ukamiz bor, deb boshimga balo orttirdingiz?! — deb zorlandi. Ular shunday javob berdilar: — U odam: “Otangiz hayotmi? Boshqa ukangiz ham bormi?” deb o‘zimiz, oilamiz to‘g‘risida so‘rab–surishtirdi. Biz uning savollariga javob berdik. “Ukangizni mening oldimga olib kelinglar”, deb aytishini qayerdan bilibmiz?! Yahudo otasiga dedi: — Ukamizni men bilan jo‘nating, endi yo‘lga chiqaylik, toki sizu biz, bolalarimiz ochlikdan o‘lmay, tirik qolaylik. Unga men o‘zim kafil bo‘laman, u uchun meni mas’ul, deb bilavering. Agar uni qaytarib olib kelib qo‘lingizga topshirmasam, umr bo‘yi sizning oldingizda aybdor bo‘lib qolay. Agar orqaga surmaganimizda edi, hozirgacha ikki marta borib kelgan bo‘lardik. Nihoyat, Yoqub o‘g‘illariga dedi: — Boshqa iloji yo‘q ekan, endi bunday qilinglar: yurtimizning noz–ne’matlaridan qoplaringizga solinglar. Bir oz mumiyo, asal, xushbo‘y ziravorlar, mirra, pista, bodom ham olib, o‘sha odamga hadya qilib olib boringlar. O‘tgan safar qoplaringizga kumushlarni solib qaytarib yuborishgan edi, shuning uchun kumushni ikki barobar ko‘p olinglar. Kimdir adashgan bo‘lishi mumkin. Ukangizni ham olinglar–u, hoziroq o‘sha odamning oldiga jo‘nanglar. O‘sha odam bolalarimga rahm qilsin, deb Qodir Xudoga iltijo qilaman, toki u Shimo‘n bilan Benyaminni qaytarib yuborsin. Agarda farzandlarimdan judo bo‘ladigan bo‘lsam, mayli, bo‘la qolay. Shunday qilib, ular har xil hadyalar, ikki barobar ko‘p kumush oldilar–da, Benyaminni ham ergashtirib, Misrga shoshildilar. Misrga yetib kelib, Yusufning huzuriga kirdilar. Yusuf ularning yonida Benyaminni ham ko‘rdi va qulboshisiga buyurdi: “Bu odamlarni uyga olib bor, bironta jonliq so‘yib, tayyorgarlik ko‘r. Ular tushlikni men bilan birga yeydilar.” Qulboshi Yusuf aytganday qildi: aka–ukalarni Yusufning uyiga olib ketdi. Qulboshi aka–ukalarni Yusufning uyiga olib kelgani uchun, ular juda qo‘rqib ketishdi. Ular bir–biriga dedilar: “O‘tgan safar qoplarimizga kumushlarimizni qaytarib solib qo‘yishgan edi. Shu sababdan bizni bu yerga oldirib kelgan. Endi u bizni o‘g‘irlikda ayblaydi. Bizni ushlab, qul qilib oladi, eshaklarimizni ham tortib oladi.” Yusufning darvozasi oldida aka–ukalar qulboshiga aytdilar: — Kechirasiz, hazrat, biz o‘tgan safar ham don sotib olgani kelgan edik. Uyga qaytib ketayotganimizda, tunda dam olgani bir joyda to‘xtab, qoplarimizni ochdik. Don sotib olganimizda to‘lagan kumushimizning hammasi qoplarimizning ichida ekan. Mana, o‘sha kumushlarni qaytarib olib keldik. Biz yana don sotib olgani qo‘shimcha kumush olib keldik. Kim u kumushlarni qoplarimizga solib qo‘ygan ekan, bilmaymiz. — Xotirjam bo‘linglar, — dedi Yusufning qulboshisi, — bu to‘g‘rida xavotir olmanglar. Don sotib olishga keltirgan kumushlaringizning hammasini men olgan edim. Xudoyingiz — otangizning Xudosi qoplaringizga xazina solib qo‘ygan bo‘lsa kerak. So‘ng qulboshi Shimo‘nni ularning oldiga olib keldi. Qulboshi aka–ukalarni Yusufning uyiga olib kelgandan keyin, ularga suv berdi. Aka–ukalar oyoqlarini yuvib olishdi. Qulboshi ularning eshaklariga ham yem berdi. Aka–ukalarga, Yusuf hazrati oliylari bilan birga tushlik qilasizlar, deb aytishdi. Shuning uchun Yusuf kelguncha, ular hadyalarini tayyorlab qo‘ydilar. Yusuf uyga kelgach, ular hadyalarini Yusufga berib, muk tushib ta’zim qilishdi. Yusuf ulardan hol–ahvol so‘radi. — Otangizning ahvollari qalay? Keksa otamiz bor, deb aytgan edingiz. U hozir ham hayotmi? — Qulingiz — otamiz yaxshi yuribdilar, hozir hayotlar, — deb javob berishdi aka–ukalar. So‘ng ular Yusufga egilib ta’zim qilishdi. Yusuf tug‘ishgan ukasi Benyaminni ko‘rib, ulardan so‘radi: — Kenja ukamiz bor, deb aytgan edingiz. Shu bola ukangizmi? Xudo senga marhamat qilsin, o‘g‘lim! Yusuf shunday deb, ukasiga mehri tovlanib ketganidan yig‘lab yuboray derdi. Shuning uchun Yusuf darrov ichkari xonaga chiqdi–yu, u yerda yig‘lab yubordi. Bir ozdan keyin Yusuf yuzlarini yuvib, o‘zini qo‘lga oldi va aka–ukalarining oldiga qaytib kirdi. “Taomlar keltirilsin!” deb buyruq berdi. Yusufga alohida dasturxonda, aka–ukalariga esa boshqa dasturxonda taomlar tortildi. Yusufnikidagi Misrliklar esa alohida dasturxonda taom yeyishdi. Misrliklar ibroniylar bilan dasturxon atrofida birga o‘tirib ovqat yeyishdan hazar qilishar edi. Yusuf har bir akasiga qaysi joyda o‘tirishini ko‘rsatdi. Har birini yoshi bo‘yicha, katta–kichikligiga qarab o‘tqazdi. Aka–ukalar bir–birlariga taajjub bilan qarab qo‘ydilar. Aka–ukalarga taomlarni Yusufning dasturxonidan tarqatishdi. Benyaminga berilgan taom boshqa akalarinikiga qaraganda besh hissa ko‘p edi. Aka–ukalar taomni yeb, Yusuf bilan birga may ichib, xushnud bo‘ldilar. Aka–ukalar ketishga tayyorlanishdi. Yusuf qulboshisiga shunday ko‘rsatma berdi: “Bu odamlarning qoplarini ko‘tara oladigan qilib donga to‘ldir. Har birining qopiga kumushlarini qaytarib solib qo‘y. Kenjasining qopi ichiga esa kumushlari bilan birga mening kumush qadahimni ham solib qo‘y.” Qulboshi hammasini Yusuf aytganday qildi. Ertasiga tong yorishishi bilanoq, aka–ukalarni yuk ortilgan eshaklari bilan jo‘natib yuborishdi. Ular hali shahardan uncha uzoqlashmagan ham edilarki, Yusuf qulboshisiga buyurdi: — Bor, anavi odamlarning izidan tush. Ularga yetib olganingdan keyin shunday deb ayt: “Nimaga yaxshilikka yomonlik qildingiz? Xo‘jayinimning kumush qadahini o‘g‘irlaganingiz nimasi? Xo‘jayinim ichimlik ichish uchun, fol ochishda foydalanardi, axir! Qanday yomon ish qilib qo‘yibsizlar–a!” Qulboshi aka–ukalarga yetib olib, o‘rgatilgan gaplarni aytdi. — Nimaga bunday gaplarni gapiryapsiz?! — deb javob qaytarishdi ular. — Xudo saqlasin! Bu qullaringiz unaqa ish qilmaydi! O‘zingiz o‘ylang, qoplarimizdan topib olgan kumushlarni Kan’ondan sizga qaytarib olib keldik–ku. Shunday ekan, biz xo‘jayiningizning uyidan kumush yoki oltin o‘g‘irlarmidik?! Agar o‘sha narsa biz, qullaringizdan topilsa, mayli, o‘sha odam o‘ldirilsin. Qolganlarimiz hazrati oliylariga qul bo‘laylik. — Mayli, men roziman, sizlar aytgancha bo‘la qolsin, — dedi qulboshi. — Kumush qadah kimdan topilsa, u menga qul bo‘ladi. Qolganlaringiz esa ozod bo‘lasizlar. So‘ngra har biri tezda eshaklari ustidan qoplarini olib, ochdilar. Yusufning qulboshisi to‘ng‘ichining qopidan boshlab kenjasining qopigacha titib chiqdi. Qadah Benyaminning qopidan chiqib qolsa bo‘ladimi! Ular umidsizlikka tushib, qayg‘udan kiyimlarini yirtdilar. Eshaklariga yana yuklarini ortib, orqaga — shaharga qaytib keldilar. Yahudo va aka–ukalar Yusufning uyiga kelishdi. Yusuf hali uyida ekan. Aka–ukalar Yusufning oldida o‘zlarini yerga otdilar. — Bu qilganingiz nimasi? — deb so‘roqqa tutdi Yusuf ularni. — Menday bir odam fol ochib bilib olishimni bilmasmidingiz?! — Janobi oliylariga nima ham derdik? Xudo bu qullaringizning qilgan jinoyatlarini fosh qildi. Endi o‘zimizni qanday himoya qila olardik?! Qanday qilib o‘zimizni oqlardik?! Janobi oliylari! Sizning qadahingiz ukamizning qopidan topilgan ekan, endi ukamiz bilan birga biz, hammamiz, sizga qul bo‘lishga tayyormiz. — Yo‘q, Xudo saqlasin! Hecham bunday qilmayman! — dedi Yusuf. — Faqat qadahni o‘g‘irlagan odamgina menga qul bo‘ladi. Qolganlaringiz esa eson–omon otangizning oldiga qaytinglar. Shunda Yahudo Yusufga yaqinroq kelib dedi: — Janobi oliylari! O‘zingiz fir’avn kabisiz. Men, siz, janoblariga, bir og‘iz so‘z aytsam, g‘azablanmang. Siz bizdan: “Otangiz yoki ukangiz bormi?” deb so‘ragan edingiz. Biz shunday deb javob berdik: “Ha, qari otamiz va kenja ukamiz ham bor, otamiz uni keksayganda ko‘rgan. Uning akasi esa o‘lgan, onasidan bir o‘zi yolg‘iz qolgan. Otamiz uni juda yaxshi ko‘radi.” Keyin siz biz, qullaringizga: “O‘sha ukangizni mening oldimga olib kelinglar, uni o‘zim ko‘rayin–chi”, dedingiz. Biz esa sizga: “Bola otasini tashlab kela olmaydi, agar tashlab kelsa, otasi o‘lib qolishi mumkin”, deb aytdik. Keyin siz bizga: “Ukangizni olib kelmagunlaringizcha, ko‘zimga ko‘rinmanglar”, dedingiz. Qulingiz — otamizning huzuriga qaytib borganimizda, sizning gaplaringizni unga aytdik. Vaqti kelib, otamiz bizga: “Yana borib, o‘zimizga bir oz don sotib olib kelinglar”, dedi. Lekin biz otamizga aytdikki: “O‘zimiz bora olmaymiz, agar kenja ukamiz biz bilan birga ketsagina, bora olamiz, ukamiz bormaguncha, biz o‘sha odamning ko‘ziga ko‘rina olmaymiz.” Shunda otamiz bizga dedi: “Bilasizlarki, xotinim Rohiladan ikkita o‘g‘il qolgan edi. Biridan ayrildim, uni shubhasiz, yirtqich hayvon tilka–pora qilib tashlagan. Uni o‘shandan keyin ko‘rmadim. Agar bunisini ham mendan olib ketsalaringiz, u biror falokatga yo‘liqib qolsa, qariganimda meni qayg‘udan o‘liklar diyoriga kiritasizlar.” Endi, janobi oliylari, men otamning oldiga bu bolani tashlab bora olmayman. Otamizning umri bu bolaning hayotiga bog‘liq. Bola biz bilan yo‘qligini otamiz ko‘rgandan keyin, u o‘lib qoladi. Biz esa keksa otamizni qayg‘udan o‘liklar diyoriga tiqamiz. Men, qulingiz, mana shu bola uchun otamga kafil bo‘lganman. Otamga: “Agar uni qo‘lingizga qaytarib olib kelib topshirmasam, umr bo‘yi sizning oldingizda aybdor bo‘lib qolay”, deb aytganman. Iltimos qilaman, janobi oliylari, shu bolaning o‘rniga men sizga qul bo‘lib qolay, rad etmang. Bola akalari bilan birga qaytib ketaversin. Agar bola men bilan birga ketmasa, otamning oldiga qaysi yuz bilan qaytib boraman?! Otamning boshiga tushadigan kulfatlarga qarab turishga bardosh berolmayman. Endi Yusuf ortiq chidab tura olmadi. U xizmatkorlariga: “Hamma huzurimdan chiqsin!” deb buyurdi. Yusuf o‘zini aka–ukalariga tanitganda, huzurida hech kim qolmagan edi. U shunday qattiq yig‘ladiki, xonadonidagi Misrliklar eshitdi. Bu yangilik tezda fir’avnning saroyiga yetib bordi. — Men Yusufman! — dedi u akalariga. — Otam hali ham hayot ekan–da? Lekin aka–ukalar Yusufning qarshisida dahshatga tushib, javob berishga tillari ojiz edi. — Menga yaqinroq kelinglar! — dedi Yusuf. Aka–ukalari unga yaqinroq borishdi. — Men Yusufman! — dedi u yana, — sizlar Misrga sotgan ukangizman! Meni bu yerga sotganingizdan g‘am chekmanglar, o‘zlaringizdan xafa ham bo‘lmanglar. Xudo shunday qildi. Xudo insonlar hayotini saqlab qolish uchun sizlardan oldin meni bu yerga jo‘natgan ekan. Ikki yildirki, yurtda qahatchilik. Yana besh yil bu yurtda na yer haydaladi, na hosil bo‘ladi. Xudo ana shunday g‘aroyib yo‘l bilan sizlarni va naslingizni qutqarib, omon qoldirish uchun sizlardan oldin meni yubordi. Ha, meni bu yerga sizlar emas, Xudo yuborgan! Xudo meni fir’avnga maslahatchi, uning butun xonadoniga xo‘jayin, Misr yurti ustidan hokim qildi. Tez bo‘linglar, otamning oldiga qaytib borib, unga shunday deb aytinglar: “O‘g‘lingiz Yusufni Xudo butun Misr ustidan hokim qilibdi. Kechiktirmay yo‘lga otlaning. Siz Go‘shen yerlariga o‘rnashar ekansiz. O‘zingiz, bolalaringiz, nabiralaringiz, qo‘y–echkilaringiz, podalaringiz — hamma mol–mulkingiz bilan birga Yusufga yaqin joyda bo‘lasiz. Sizga Yusuf qarab turar ekan. Hali oldimizda besh yil qahatchilik turibdi. O‘zingiz ham, xonadoningiz ham och qolmas ekan, chorvangiz ham och qolmas ekan.” O‘zlaringiz ko‘rib turibsizlar, Benyamin, sen ham ko‘rib turibsan, sizlarga bu gaplarni aytayotgan haqiqatan men, Yusufman. Misrda men qanchalik shon–shuhratga erishganimni, o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rganingizni otamga aytinglar. Otamni tezlik bilan mening oldimga olib kelinglar. Yusuf Benyaminni quchoqlab, bo‘yniga osilib, xursandlikdan yig‘lar, Benyamin ham yig‘lar edi. So‘ng Yusuf yig‘laganicha, akalarini birma–bir quchoqlab o‘pdi. Endi akalari Yusuf bilan bemalol gaplasha boshladilar. “Yusufning aka–ukalari kelibdi!” degan xabar tezda fir’avn saroyiga yetib bordi. Fir’avn va uning a’yonlari g‘oyatda xursand bo‘ldilar. Fir’avn Yusufga dedi: — Aka–ukalaringga ayt, yuklarini ulovlariga ortib, Kan’onga qaytishsin. Otangni, bola–chaqalarini olib, Misrga qaytib kelishsin. Men ularga yurtning eng yaxshi yerlarini beray. Ular bu yerda to‘kin–sochinlikda yashaydilar. Akalaringga ayt, Misrdan aravalar olib ketishsin. Xotinlarini, bolalarini, otangni o‘sha aravalarda bu yerga olib kelishadi. Qolib ketgan mol–mulklariga achinishmasin. Misrning eng yaxshi noz–ne’matlari ularnikidir. Yoqubning o‘g‘illari aytilganday qildilar: fir’avnning ko‘rsatmasiga binoan, Yusuf ularga aravalar berdi. Shuningdek, ularga yo‘l uchun oziq–ovqat ham g‘amlab berdi. Yusuf akalarining har biriga bir sidradan yangi kiyim–bosh, Benyaminga esa besh sidra kiyim–bosh va uch yuz bo‘lak kumush berdi. Otamga, deb o‘nta eshakka Misrning eng yaxshi noz–ne’matlaridan, o‘nta eshakka don, otasi uchun yo‘lda yegani oziq–ovqat yuklab jo‘natdi. Yusuf akalarini yo‘lga kuzatib qo‘ydi. Ular yo‘lga chiqayotganlarida Yusuf: “Yo‘lda janjallashib yurmanglar ”, dedi. Shunday qilib, ular Misrdan Kan’on yurtiga — otalari huzuriga qaytib keldilar. “Yusuf tirik ekan! U butun Misr yurtining hokimi ekan!” deb aytishdi o‘g‘illari. Yoqub bu yangilikdan hang–mang bo‘lib qoldi, o‘g‘illarining gapiga ishonmadi. Lekin o‘g‘illari Yoqubga Yusufning hamma gaplarini aytib bo‘lib, “Otamni Misrga olib kelinglar”, deb Yusuf yuborgan aravalarni ko‘rganda, Yoqubning ruhi tetiklashdi. — Xudoga shukr, o‘g‘lim Yusuf tirik ekan, menga shuning o‘zi kifoya, — dedi Yoqub, — o‘lmasimdan burun borib uni ko‘rib qolay. Shunday qilib, Yoqub butun mol–mulkini olib, yo‘lga chiqdi. U Bershevaga yetib kelib, otasi Is’hoqning Xudosiga qurbonliklar qildi. Tunda Xudodan Yoqubga vahiy keldi: — Yoqub! Yoqub! — Labbay! — dedi u. — Men Xudoman, otangning Xudosiman, — dedi Xudo. — Qo‘rqmasdan Misrga boraver, Men u yerda sendan buyuk xalq yarataman. Men sen bilan birga Misrga borib, Sening naslingni u yerdan O‘zim olib chiqaman. Sen Yusufning qo‘lida jon berasan. So‘ngra Yoqub Bershevadan ketdi. O‘g‘illar otasini, bolalarini, xotinlarini fir’avn yuborgan aravalarga o‘tqazdilar. Ular Kan’onda orttirgan chorvasini, hamma mol–mulkini olib, Misrga ketdilar. Yoqub va uning hamma oila a’zolari — o‘g‘illari, qizlari va nabiralari ketdilar. Misrga ketgan Isroil xalqi, ya’ni Yoqub naslining ismlari quyidagichadir: Yoqubning to‘ng‘ich o‘g‘li Ruben va uning o‘g‘illari — Xano‘x, Palluv, Xazron va Karmi. Shimo‘n va uning o‘g‘illari — Yamuvol, Yomin, Oxad, Yoxin, Zo‘xar va Shovul. (Shovulning onasi Kan’onlik edi.) Levi va uning o‘g‘illari — Gershon, Qohot, Marori. Yahudo va uning o‘g‘illari — G‘ur, O‘nan, Shelo, Paraz va Zerax. (Lekin G‘ur va O‘nan Kan’on yurtida vafot etgan edilar.) Paraz va uning o‘g‘illari — Xazron va Xomul. Issaxor va uning o‘g‘illari — To‘lo, Puvax, Yoshuv va Shimron. Zabulun va uning o‘g‘illari — Sared, Elo‘n va Yaxliyol. Yoqubning Leaxdan ko‘rgan ana shu nasli va qizi Dina Paddon–Oramda tug‘ilgan edilar. Yoqubning Leaxdan tarqalgan nasli jami bo‘lib o‘ttiz uch kishi edi. Gad va uning o‘g‘illari — Zafo‘n, Xagi, Shuno, Ezbo‘n, Eri, Aro‘d va Erali. Osher va uning o‘g‘illari — Yimnax, Yishvo, Yishvi va Bariyo. Bularning Serax degan singillari ham bor edi. Bariyoning o‘g‘illari — Xaber va Malxiyol. Yoqubning Zilpodan tug‘ilgan nasli ana shulardir. Lobon qizi Leaxga Zilponi cho‘ri qilib bergan edi. Ular hammasi bo‘lib o‘n olti kishi edi. Yoqubning xotini Rohiladan tug‘ilgan o‘g‘illar — Yusuf bilan Benyamin. Yusuf Misr yurtida xotini Osanatdan Manashe va Efrayimni ko‘rdi. Osanat On shahrining ruhoniysi Po‘tiferoning qizi edi. Benyamin o‘g‘illari — Belax, Boxir, Oshbol, Gera, No‘mon, Exi, Ro‘sh, Mupim, Xupim va Ard. Yoqubning Rohiladan tarqalgan nasli ana shulardir. Ular hammasi bo‘lib o‘n to‘rt kishi edi. Dan va uning o‘g‘li — Xushim. Naftali va uning o‘g‘illari — Yaxzayol, Go‘no, Izar va Shillem. Yoqubning Bilxaxdan tarqalgan nasli ana shulardir. Bilxaxni Lobon qizi Rohilaga cho‘ri qilib bergan edi. Hammasi bo‘lib yetti kishi edi. Yoqub bilan birga Misrga kelgan uning nasli hammasi bo‘lib oltmish olti kishi edi. Kelinlari bu hisobga kirmasdi. Yusuf Misrda ikki o‘g‘il ko‘rgan edi. Shunday qilib, Yoqub xonadonidan Misrga kelganlar hammasi bo‘lib yetmish kishi edi. Yoqub Yahudoga: “Yusuf bizni Go‘shen yerlariga boshlab borsin”, deb oldin uni Yusufning oldiga jo‘natgan edi. Ular Go‘shenga yetib kelganlaridan keyin, Yusuf aravasini qo‘shib, otasini kutib olish uchun Go‘shenga ketdi. Yusuf otasini ko‘rishi bilanoq, uni quchoqlab, bo‘yniga osilib, uzoq yig‘ladi. Yoqub Yusufga: — Tirik ekaningni ko‘zlarim bilan ko‘rdim, endi o‘lsam ham armonim yo‘q, — dedi. Yusuf akalariga, otasi xonadonining qolgan ahliga dedi: — Men borib, fir’avnga: “Kan’on yurtidan aka–ukalarim, otamning qolgan oila a’zolari mening oldimga kelishdi”, deb xabar berayin. Men fir’avnga yana: “Ular cho‘pon, chorvadorlik bilan shug‘ullanishadi, mol–qo‘ylarini, bor mulkini olib kelishibdi”, deb aytayin. Fir’avn sizlarni chaqirib: “Kasb–koringiz nima?” deb so‘rab qolsa, unga: “Biz, qullaringiz, yoshligimizdan hozirgacha cho‘ponlik bilan mashg‘ulmiz, ota–bobolarimiz ham cho‘pon bo‘lib o‘tishgan”, deb aytinglar. Toki Go‘shen yerlariga o‘rnashib olishlaringizga u ijozat bersin. Chunki Misrliklar cho‘ponlardan hazar qilishadi. Shundan keyin, Yusuf fir’avnning huzuriga borib, shunday dedi: “Mening otam, aka–ukalarim mol–qo‘ylarini, butun mulkini olib, Kan’on yurtidan kelishdi. Ular hozir Go‘shen yerlarida.” Yusuf akalaridan beshtasini fir’avn huzuriga chiqardi. Fir’avn ulardan: — Kasb–koringiz nima? — deb so‘radi. — Biz, qullaringizning kasbi cho‘pon, ota–bobolarimiz ham cho‘pon o‘tishgan, — deb javob berishdi ular fir’avnga. — Biz, Misrda istiqomat qilib tursak, deb keldik. Chunki qo‘y–echkilarimiz uchun Kan’onda yaylov yo‘q, u yerda og‘ir qahatchilik. Siz, janobi oliylaridan iltimosimiz shuki, biz, qullaringizga, Go‘shen yerlarida istiqomat qilib turishimiz uchun ijozat bersangiz. Shunda fir’avn Yusufga dedi: — Otang, akalaring sening oldingga kelishgan ekan, ana, Misr yurti ularniki. Ularni yurtning eng yaxshi yeriga — Go‘shen yerlariga joylashtir. Agar ularning orasida uddaburonlari bo‘lsa, mening chorvamni ham ularga topshirib qo‘y. So‘ng Yusuf otasi Yoqubni boshlab kelib, fir’avn huzuriga olib kirdi. Yoqub fir’avnni duo qildi. — Yoshingiz nechada? — deb so‘radi fir’avn Yoqubdan. — Bir yuz o‘ttiz yildan beri bu dunyoda mehmonman, — dedi Yoqub fir’avnga. — Ota–bobolarim ham bu dunyodan mehmon bo‘lib o‘tdilar. Lekin mening hayotim tez va qiyinchilik bilan kechdi, men hali ota–bobolarim yoshiga yetmadim. Shundan keyin Yoqub fir’avnni yana duo qilib, uning huzuridan chiqdi. Fir’avn amr berganday, Yusuf otasini, akalarini Misrdagi eng yaxshi yerlarga — Ramzes shahri yaqinidagi yerlarga joylashtirdi. Yusuf otasini, aka–ukalarini, otasining jamiki xonadoni ahlini, ularning miqdoriga qarab, oziq–ovqat bilan ta’minladi. Qahatchilik tobora kuchayib boraverdi. Qahatchilik Misr va Kan’on yurtini xarob qildi. Yusuf donni kumushga almashtirib, Misrdagi va Kan’ondagi bor kumushlarni yig‘ib oldi. U kumushlarni fir’avnning xazinasiga olib kelib to‘playverdi. Misr va Kan’on xalqlari kumushlarini sarf qilib bo‘ldi. Hamma Misrliklar Yusufning huzuriga kelishardi. “Kumushlarimiz tugadi, lekin bizga don bersinlar! Janoblarining ko‘z o‘ngilarida o‘lib ketmaylik!” deb yalinishardi. Yusuf esa ularga: “Agar kumushlaringiz tugagan bo‘lsa, mol–holingizni olib kelinglar, evaziga don beraman”, deb javob qilardi. Shunday qilib, ular chorvasini Yusufga olib kelishardi. Yusuf ularning otlarini, qo‘y–echkilarini, podalarini, eshaklarini olib, evaziga don berardi. O‘sha yili Yusuf ularning chorvasini olib, evaziga yegulik berdi. Kelgusi yili ular yana Yusufning huzuriga kelishib, hasrat qilishdi: “Biz janobi oliylaridan yashirib nima ham qilardik: kumushlarimiz tugagan, mol–qo‘ylarimiz o‘zlariniki bo‘ldi. Janobi oliylariga tanamizu yerimizdan tashqari beradigan narsamiz qolmadi. Janoblarining ko‘z oldida o‘zimiz ham, yerimiz ham nobud bo‘lib ketmasin. O‘zimizni ham, yerlarimizni ham sotib olib, evaziga don bersinlar. Biz yerlarimizni fir’avnga berib, o‘zimiz unga qul bo‘lishga tayyormiz. Hoziroq bizga don–dun bersalar, toki o‘lmay tirik qolaylik, yerlarimiz tashlandiq bo‘lib qolmasin.” Shunday qilib, Yusuf Misrdagi jamiki yerlarni fir’avn uchun sotib oldi. Qahatchilik nihoyatda kuchayganidan, hamma Misrliklar dalalarini Yusufga sotdilar. Ularning hamma yerlari fir’avnniki bo‘lib qoldi. Shu tariqa Misrning bu chetidan u chetigacha bo‘lgan hamma xalq fir’avnga qul bo‘lib qoldi. Yusuf faqat ruhoniylarning yerlarinigina sotib olmadi. Chunki ularga fir’avn tomonidan oziq–ovqat tayinlangan bo‘lib, yerlarini sotishlariga zarurat yo‘q edi. Shundan so‘ng Yusuf xalqqa aytdi: — O‘zlaringiz ham, yerlaringiz ham endi fir’avnniki. Mana sizlarga urug‘, dalaga ekinglar. Hosilni yig‘ib olganlaringizda, beshdan birini fir’avnga berasizlar, beshdan to‘rt qismi o‘zlaringizniki bo‘ladi, kelgusi yil hosili uchun urug‘lik qilasizlar, bola–chaqalaringiz bilan yeb, tirikchilik qilasizlar. — Siz bizga iltifot ko‘rsatdingiz, Siz bizning hayotimizni saqlab qoldingiz, janobi oliylari! — deb aytdi xalq. — Shuning uchun biz fir’avnga qul bo‘lamiz. Fir’avn hosilning beshdan birini oladigan bo‘ldi. Yusuf buni butun Misr yurti bo‘ylab qonun qilib qo‘ydi. Bu qonun bugungacha bor. Faqat ruhoniylarning yerlarigina fir’avnning mulki bo‘lmadi, xolos. Shunday qilib, Yoqub nasli Misrning Go‘shen yerlariga o‘rnashib qoldi. Yoqub nasli u yerda mulk orttirdilar, aholisi ko‘payib bordi. Yoqub Misr yurtida 17 yil yashadi. U 147 yil umr ko‘rdi. Yoqubning umri oxirlab qoldi. U o‘g‘li Yusufni chaqirib shunday dedi: — Agar mendan rozi bo‘lsang, qo‘lingni sonim ostiga qo‘y. “Sizning vasiyatingizni bajaraman”, deb va’da ber. Oxirgi vasiyatim shuki, meni Misrda dafn qilmagin. Bu olamdan o‘tganimdan keyin, jasadimni Misrdan olib ketib, ota–bobolarimning xilxonasiga dafn qil. Yusuf, aytganingizday qilaman, deb va’da berdi. Yoqub: “Mening oldimda qasam ich”, deb talab qildi. Yusuf qasam ichdi. Yoqub o‘z to‘shagi ustida sajda qildi. Bir kuni Yusufga: “Otangiz kasal”, degan xabar yetib keldi. Yusuf ikkala o‘g‘lini — Manashe bilan Efrayimni yoniga olib, otasining huzuriga bordi. Yoqub Yusufning kelganini eshitgach, kuchini yig‘ib, to‘shagiga o‘tirdi. Yoqub Yusufga dedi: — Qodir Xudo Kan’on yurtidagi Luz shahrida menga zohir bo‘lgan va marhamat ko‘rsatib, shunday degan edi: “Men seni barakali qilib, naslingni ko‘paytiraman. Men sendan ko‘p xalqlarni yarataman. Bu yerni sendan keyin naslingga abadiy mulk qilib beraman.” Men Misrga kelmasimdan avval Efrayim bilan Manashe bu yerda tug‘ilgan edilar. Shu ikkala o‘g‘ling endi mening o‘g‘illarimdir. Ruben va Shimo‘n menga qanday o‘g‘il bo‘lsa, sening ikkala o‘g‘ling ham mening o‘g‘illarim bo‘ladi. Efrayim bilan Manashedan keyin tug‘iladigan o‘g‘illaring esa o‘zingniki bo‘ladi. Tug‘iladigan o‘g‘illaringga Efrayim va Manashega qarashli yerlardan meros berilsin. Buni shu sababdan qilyapmanki, men Paddondan qaytib kelayotganimda, afsuski, onang Rohila Kan’on yurtida — Efratga yetib bormasdan yo‘lda olamdan o‘tgan edi. Men uni o‘sha yerda — Efratga boradigan yo‘l bo‘yiga dafn qilganman. (Efrat hozir Baytlahm, deb yuritiladi.) [8-10] Bu paytga kelib Yoqubning ko‘zlari keksalikdan xiralashgan, yaxshi ko‘rmas edi. Yoqub Yusufning o‘g‘illarini ko‘rganda, “Bular kimlar?” deb so‘radi. — Bular Xudo shu yerda menga bergan o‘g‘illarim, — deb javob berdi Yusuf. — Menga yaqinroq olib kelgin ularni, duo qilayin. Yusuf o‘g‘illarini otasiga yaqinroq olib bordi. Yoqub bolalarni bag‘riga bosib, o‘pdi. *** *** Yoqub Yusufga dedi: — Men seni hech qachon ko‘rmayman, deb o‘ylagan edim. Ammo Xudo sening bolalaringni ham ko‘rishni nasib etdi. Yusuf bolalarni otasining tizzasidan oldi va otasiga muk tushib ta’zim qildi. Yusuf o‘ng qo‘li bilan Efrayimni ushlab, Yoqubning chap tomoniga, chap qo‘li bilan Manasheni ushlab, Yoqubning o‘ng tomoniga yaqinroq olib keldi. Lekin Yoqub qo‘llarini chalishtirdi–yu, o‘ng qo‘lini kenja o‘g‘il Efrayimning boshiga, chap qo‘lini to‘ng‘ich o‘g‘il Manashening boshiga qo‘ydi. So‘ngra Yusufni duo qildi: “Ota–bobolarim Ibrohim va Is’hoqqa yo‘l ko‘rsatgan Xudo, Umrim bo‘yi mening cho‘ponim bo‘lgan Xudo, Barcha ofatlardan meni saqlagan farishta Bu bolalarga ham marhamat ko‘rsatsin. Mening nomim, bobom Ibrohim, otam Is’hoqning nomi Shu bolalar orqali yashasin, yer yuzida ular lak–lak ko‘paysin.” Lekin otasi o‘ng qo‘lini Efrayimning boshiga qo‘ygani Yusufga yoqmadi. Shuning uchun otasining o‘ng qo‘lini Efrayimning boshidan Manashening boshiga olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. — Bunday emas, ota, — dedi Yusuf, — bunisi to‘ng‘ichi, o‘ng qo‘lingizni uning boshiga qo‘ying. Lekin otasi rozi bo‘lmadi: — Bilaman, o‘g‘lim, bilaman. Manashening nasli ham buyuk xalq bo‘ladi. Lekin Efrayimning avlodi Manashenikiga qaraganda yanada buyuk bo‘lib, Efrayimning avlodidan ko‘p xalqlar kelib chiqadi. Yoqub o‘sha kuni Efrayim bilan Manasheni shunday deb duo qildi: “ Isroil xalqi sizlarning nomingizni aytar bir–birini duo qilganda, Efrayim va Manasheday qilsin seni Xudo, deb aytganlarida.” Shunday qilib, Yoqub Efrayimni Manashedan yuqori qo‘ydi. Shundan keyin Yoqub Yusufga dedi: — Mening umrim oxirlab boryapti. Lekin Xudo sizlar bilan birga bo‘ladi, sizlarni ota–bobolaringizning yeriga yana qaytarib olib boradi. Shakamni esa akalaringga emas, senga beryapman. Bu hosildor yerlarni men qilichu kamonim bilan Amor xalqlaridan tortib olganman. Yoqub o‘g‘illarini huzuriga chorlab dedi: “Yonimga kelinglar, kelgusida sizlarga nima bo‘lishini aytay. Keling, quloq soling, ey, Yoqub o‘g‘illari, Eshiting otangiz Isroilning so‘zlarini. Ruben, sensan mening to‘ng‘ichim, Quvvatimning ilk mevasi, ham qudratim, Shuhratu qudratda yuksagi sensan. Lekin dengiz to‘lqiniday betizginsan, Bundan keyin aslo ustun bo‘lmaysan. Otangning yotog‘iga sen kirding, To‘shagimga chiqib, uni bulg‘ading. Shimo‘n bilan Levi hamtovoqlardir, Jabr–jafo quroli qilichlaridir. Hech qachon sherik bo‘lmasman ularning fitnalariga, Aslo qo‘shilmasman ularning yig‘inlariga. Ular g‘azab ila o‘ldirdilar insonlarni, Rohatlanish uchun mayib qildilar ho‘kizlarni. La’nat bo‘lsin ularning rahmsiz g‘azabiga, La’nat bo‘lsin ularning beayov zulmlariga! Tarqatib yuboraman ularni har tomonga, Yoqubning yurtida — Isroilning yurtida. Ey, Yahudo, seni madh etar birodarlaring, G‘animlaring gardanida bo‘lar qo‘llaring. Senga ta’zim qilishar otangning o‘g‘illari. Yahudo sherning bolasiga o‘xshar, O‘g‘lim, ovdan qaytib kelding sen, Sherdek cho‘kib, cho‘zilib yotarsan. Seni uyg‘otmoqqa kim jur’at etar?! Yahudoning qo‘lidan ketmas saltanat hassasi, Uning naslida qolar saltanat tamg‘asi, Xalqlar unga o‘lpon keltirarlar, Unga itoat etib ta’zim qilarlar. Eshagini u doim bog‘laydi tokka, Xo‘tikchani — tok novdasiga. Sharobda yuvadi kiyimlarini A’lo sharobda — ko‘ylaklarini. Sharobdan ham qora ko‘zlari, Sutdan ham oppoq tishlari. Zabulun o‘rnashadi dengiz bo‘yida, Kemalarga u bandargoh bo‘lajak. Uning chegarasi Sidongacha borajak. Issaxor qo‘rada o‘rnashib yotgan, Kuchli eshakka o‘xshar. Ko‘rsaki, o‘rnashgan yeri naqadar yaxshi, Juda yoqimli ekan bu joylar. Yukni ko‘tarmak chun yelkasin tutdi, Og‘ir mehnatga u qul bo‘lib qoldi. Isroil qabilasining bittasi bo‘lib, Dan o‘z xalqini hukm qiladi. Dan yo‘lda yotgan bir ilon bo‘ladi, So‘qmoqda cho‘zilib yotgan zaharli ilon. Otlarning to‘pig‘ini u chaqib olar, Chavandoz yiqilar, chalqancha tushar. Sendan najot kutarman, ey, Egam! Gadni talab ketadi bosqinchilar, Gad ularning izidan bostirib borar. Osher tansiq taom yetishtirar, Shohona noz–ne’matlar tayyorlar. Naftali ozod yurgan ohuga o‘xshar, Ajoyib ohuchalar dunyoga keltirar. Yusuf o‘xshar serhosil tokka — Buloq bo‘yidagi serhosil uzumga. Uning novdalari devordan oshib o‘tar. Rahmsiz kamonchilar unga hujum qilishdi, O‘q otishdi unga, qattiq siqishdi. Lekin Yusufning kamoni tarang tortildi, Uning qo‘llari ham chaqqonlashdi Yoqubning Qudratli Xudosi kuchi tufayli, Isroilning Cho‘poni, Qoyasi tufayli. Otangning Xudosi senga madad bergay, Qodir Xudo senga marhamat ko‘rsatgay Yuqoridagi osmon barakalari ila, Yer qa’ridan chiqqan suvning barakalari ila, Ona ko‘kragiyu pushtining barakasi ila. Abadiy tog‘lar barakasidan ham, Va qadim tepaliklar ne’matidan ham, Otangning duolari kuchlidir. Bu barakalar Yusufga nasib etur, Birodarlari ichra u yo‘lboshchi bo‘lur. Benyamin och bo‘riga o‘xshar, Sabohda u o‘ljasini yamlab yutar, Oqshomda u topganini bo‘lishar.” Isroilning o‘n ikki qabilasi ana shular bo‘lib, otasi ularni duo qilganda, yuqoridagi so‘zlarni aytgan edi. Har birini o‘ziga loyiq tarzda duo qildi. Shundan so‘ng Yoqub o‘g‘illariga vasiyat qildi: — Mening kunim bitib boryapti. Meni Xet xalqidan Efro‘nning dalasidagi g‘orga — ota–bobolarim yoniga dafn qilinglar. O‘sha g‘or Kan’on yurtida, Mamre sharqida joylashgan Maxpaladagi dalada. Ibrohim bu dalani Efro‘ndan qabriston uchun sotib olgan. U yerga bobom Ibrohim bilan buvim Sora dafn qilingan, Otam Is’hoq bilan onam Rivqo ham u yerga dafn qilingan. U yerga men Leaxni dafn qilganman. Bobom Ibrohim Xet xalqidan sotib olgan g‘or o‘shadir. Yoqub o‘g‘illariga vasiyat qilib bo‘lgach, yana to‘shagiga yotdi–yu, joni uzilib, ota–bobolari yoniga ketdi. Yusuf o‘zini otasining ustiga tashlab, yig‘laganicha, uni o‘pdi. Yusuf qo‘l ostidagi tabiblarga: “Otamning jasadini mumiyolanglar!” deb amr berdi. Tabiblar Yoqubning jasadini mumiyolashdi. Ular bu ish uchun qirq kun vaqt sarf qildilar. Chunki mumiyolash uchun shuncha vaqt talab qilinar edi. Misrliklar Yoqub uchun yetmish kun aza tutishdi. Aza muddati tugagach, Yusuf fir’avnning a’yonlari huzuriga kelib, dedi: — Agar men sizlarning iltifotingizga sazovor bo‘lsam, fir’avn janobi oliylariga shu gaplarni yetkazsangizlar: “Otam menga qasam ichirib, olamdan o‘tganimdan keyin, jasadimni Kan’on yurtiga olib borib, o‘zim uchun men qazigan qabrga dafn qil, deb aytgan. Endi otamni dafn qilgani borishimga ijozat bersalar. Otamni dafn qilganimdan keyin qaytib kelaman.” — Mayli, boraver, — deb ijozat berdi fir’avn, — qasamni ado qilib, otangni dafn qilib kel. Shunday qilib, Yusuf otasini dafn qilgani jo‘nadi. Fir’avnning hamma a’yonlari — saroyidagi amaldorlar, Misr yurtidagi barcha amaldorlar Yusuf bilan birga ketishdi. Shuningdek, Yusufning barcha oila a’zolari, aka–ukalari, otasining qolgan xonadoni ahli ham Yusuf bilan birga ketishdi. Faqat ularning bolalari, qo‘y–echkilari, podalari Go‘shen yerlarida qoldirildi. G‘oyat katta jamoa Yusufga hamroh bo‘ldi. U bilan bir talay aravakashlar va jang aravalar ham ketdi. Ular Iordan daryosi sharqidagi Otad degan xirmonga yetib keldilar. U yerda uzoq vaqt og‘ir ta’ziya marosimi o‘tkazdilar. Shunday qilib, Yusuf otasi uchun yetti kun aza marosimi o‘tkazdi. Kan’on xalqlari bu yerdagi aza marosimini ko‘rib: “Misrliklar qanday og‘ir aza marosimi o‘tkazyaptilar–a!” deb aytdilar. Shuning uchun bu joyga Ovil–Misrayim, deb nom qo‘ydilar. Shunday qilib, Yoqub o‘g‘illariga qanday vasiyat qilgan bo‘lsa, o‘g‘illari otalarining vasiyatini to‘la–to‘kis bajardilar. Ular otalarining jasadini Kan’on yurtiga olib kelib, Maxpaladagi dalada joylashgan g‘orga dafn qildilar. Ibrohim o‘z oilasiga qabriston uchun Xet xalqidan Efro‘ndan sotib olgan Mamre sharqidagi g‘or shudir. Yusuf otasini dafn qilgandan keyin, aka–ukalarini, otasini dafn qilgani birga kelgan hamrohlarini ergashtirib Misrga qaytdi. Otalari vafot etgandan keyin, Yusufning akalari: “Biz Yusufga yomonlik qilgan edik, endi u o‘sha yomonliklarimiz uchun kek saqlab yurgan bo‘lsa, bizdan o‘ch oladi”, deb qo‘rqa boshladilar. Shuning uchun ular Yusufga shunday xabar yubordilar: “Otamiz vafotidan oldin bizga, Yusufning huzuriga borib aytinglar, men undan o‘tinaman, sizlar unga qarshi qilgan og‘ir jinoyatlaringizni unutsin, deb aytgan edilar. Iltimos qilamiz, otang Xudosining bu qullari qilgan jinoyatlarni unutgin.” Yusuf shu xabarni eshitganda, yig‘lab yubordi. Keyin akalari ham kelib: “Biz sening qullaringmiz”, deb Yusufning oyoqlariga yiqildilar. Lekin Yusuf akalariga: — Qo‘rqmanglar, men sizlarni hukm qilib, jazolaydigan Xudo emasman–ku! — dedi. — Xudo bugun qilayotganday, son–sanoqsiz xalqni saqlab qolishi uchun, sizlar qilgan yomonlikni yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Shuning uchun qo‘rqmanglar, men o‘zlaringizni ham, bola–chaqalaringizni ham boqaman. Yusuf akalariga muloyim gapirib, ularga tasalli berdi. Shunday qilib, Yusuf, uning aka–ukalari, ularning oilalari Misrda yashab qoldilar. Yusuf 110 yil umr ko‘rdi. Yusuf Efrayimning nevara–chevaralarini ham ko‘rdi. Manashening o‘g‘li Moxirning bolalari tug‘ilganda, Yusuf hayot edi. Yusuf bu bolalarni ham farzandlari qatoriga qabul qildi. “Mening umrim oxirlab boryapti”, dedi Yusuf aka–ukalariga. “Lekin Xudo sizlarni kuzatib turadi, sizlarni bu yurtdan olib chiqib, Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga beraman, deb qasam ichgan yurtga qaytarib olib boradi.” So‘ng Yusuf Isroil urug‘lariga qasam ichdirib: “Xudo sizlarning oldingizga kelganda, sizlar mening suyaklarimni bu yerdan olib ketinglar”, dedi. Yusuf 110 yil yashab, olamdan o‘tdi. Uning jasadini mumiyolab, Misrda bir tobutga soldilar. [1-4] Isroil o‘g‘illarining ismlari quyidagichadir: Ruben, Shimo‘n, Levi, Yahudo, Issaxor, Zabulun, Benyamin, Dan, Naftali, Gad, Osher. Ular Yoqub bilan birga oilalarini olib, Misrga ketgan edilar. *** *** *** O‘shanda Yoqubning avlodi hammasi bo‘lib yetmish kishidan iborat edi. Uning o‘g‘li Yusuf bu paytda Misrda yashardi. Vaqti–soati yetib, Yusuf, uning aka–ukalari va o‘sha avlodning hammasi olamdan o‘tib ketdi. Isroil nasli esa barakali bo‘lib, borgan sari ko‘payib boraverdi. Misr yurti ular bilan to‘lib–toshdi. O‘sha paytda Misr taxtiga yangi fir’avn o‘tirdi. U Yusuf to‘g‘risida hech narsa bilmasdi. U o‘z xalqiga shunday dedi: — Qaranglar, Isroil xalqi bizga qaraganda ko‘payib, kuchayib ketdi. Qani, bir yo‘lini topib, ularni ko‘payib ketishdan to‘xtataylik. Bo‘lmasa, urush bo‘lib qolganda, ular dushmanlarimizga qo‘shilib, bizga qarshi urush qiladilar. Keyin yurtimizdan qochib ketadilar. Shunday qilib, Misrliklar nazoratchilar tayinlab, Isroil xalqini og‘ir ishlarga majbur qildilar, tinka–madorini quritdilar. Isroil xalqi fir’avn uchun Pitom va Ramzes degan ombor shaharlarni qurib berdi. Lekin Misrliklar Isroil xalqiga qanchalik zulm o‘tkazsalar ham, Isroil xalqi yana ham ko‘payib yurt bo‘ylab yoyilib borardi. Misrliklar bu ahvoldan qo‘rquvga tushib qoldilar. [13-14] Ular Isroil xalqini zo‘rlik bilan ayovsiz qul qilib, har turli dala ishlariga, loydan g‘isht quyishga majburladilar. Misrliklar ularga shafqat qilmadilar. *** Shifro va Puvo degan ibroniy doyalari bor edi. Misr fir’avni ularga shunday farmon berdi: — Ibroniy ayollari ko‘zi yoriyotgan paytda doyalik qilayotganingizda, yaxshilab e’tibor bering: chaqaloq o‘g‘il bo‘lsa, o‘ldiringlar, qiz bo‘lsa, yashayversin. Ikkala doya Xudodan qo‘rqardi. Shuning uchun Misr fir’avnining farmoniga itoat etmasdan, o‘g‘il bolalarni o‘ldirmadilar. Misr fir’avni doyalarni chaqirib so‘radi: — Nimaga bunaqa qilyapsizlar? Nimaga o‘g‘il bolalarni tirik qoldiryapsizlar? — Ibroniy ayollari Misrlik ayollarga o‘xshamaydilar, — deb javob berishdi doyalar. — Ular juda baquvvat, shuning uchun biz bormasimizdan oldin tug‘ib qo‘yyaptilar. Shuning uchun Xudo doyalarga marhamat qildi. Isroil xalqi ko‘payib, yana ham kuchayaverdi. Doyalar Xudodan qo‘rqqanlari uchun, Xudo ularni oilali qildi. Shundan keyin fir’avn o‘z xalqiga: “Ibroniylarda tug‘ilgan har bir o‘g‘il bola Nil daryosiga uloqtirilsin, qiz bolalar esa yashayversin”, deb farmon berdi. O‘sha paytda Levi naslidan bir yigit bilan qiz oila qurdilar. Keyinchalik ayol homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. Ayol chaqaloqning chiroyliligini ko‘rib, uni uch oy yashirib yurdi. Lekin ayol chaqaloqni ortiq yashirib yurolmasligiga ko‘zi yetgach, qamish savat oldi. Suv kirmasin, deb savatni qora saqich bilan suvadi. Keyin savatning ichiga chaqaloqni solib, savatni daryo bo‘yidagi qamishzor orasiga qo‘yib ketdi. Chaqaloqning opasi esa: “Uning taqdiri nima bo‘larkin”, deb uzoqdan kuzatib turdi. Shu paytda fir’avnning qizi daryo bo‘yiga cho‘milgani kelib qoldi. Kanizaklari esa daryo bo‘yida yurishardi. Fir’avnning qizi birdan qamishzor orasidagi savatni ko‘rib qoldi–da, cho‘risiga: “Savatni olib kel!” deb buyurdi. Fir’avnning qizi savatni ochib qarasaki, bir chaqaloq yig‘lab yotgan ekan. “Bu ibroniy bolalaridan biri”, dedi u. Chaqaloqqa rahmi keldi. Chaqaloqning opasi shu paytda fir’avnning qizi oldiga kelib, undan so‘radi: — Borib, ibroniy ayollaridan birortasini chaqirib kelaymi? U enagalik qilib, sizga chaqaloqni boqib berardi. — Mayli, bor, — dedi fir’avnning qizi. Qizcha borib, chaqaloqning onasini chaqirib keldi. Fir’avnning qizi ayolga: — Mana bu chaqaloqni olib bor, menga boqib ber, — dedi. — Qilgan xizmating uchun haqini to‘layman. Shunday qilib, ayol chaqaloqni olib ketdi va o‘zi parvarish qildi. Bola katta bo‘lgach, ayol uni fir’avnning qiziga olib keldi. Fir’avnning qizi bolani o‘ziga o‘g‘il qilib oldi. “Uni suvdan chiqarib olganman”, deb ismini Muso qo‘ydi. Muso ulg‘aygandan keyin, bir kuni qabiladoshlarini ko‘rgani bordi. U qabiladoshlari qilayotgan og‘ir mehnatni ko‘rib yurgan edi. Bir Misrlik odam ibroniylardan — qabiladoshlaridan bittasini urayotganini ko‘rib qoldi. Muso atrofga ko‘z tashladi. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, Misrlik odamni o‘ldirib, qumga ko‘mib qo‘ydi. Keyingi kuni Muso yana o‘sha yerga borganda, ikkita ibroniyning bir–biri bilan janjallashayotgani ustidan chiqib qoldi. Muso nohaqlik qilgan odamdan: “Nimaga birodaringni uryapsan?” deb so‘radi. Shunda haligi odam: — Kim seni bizga hukmdor, hakam qilib qo‘ydi? Misrlikni o‘ldirganingday, meni ham o‘ldirmoqchimisan? — dedi. O‘sha zahoti Muso: “Bu ish oshkor bo‘lib qolganga o‘xshaydi”, deb o‘ylab qo‘rqib ketdi. Keyin fir’avn ham bu voqeani eshitib, Musoni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Lekin Muso fir’avndan qochib Midiyon yurtiga ketdi. U Midiyonga kelib, quduq yonida o‘tirdi. Midiyon yurti ruhoniysining yettita qizi bor edi. Qizlar otasining qo‘y–echkilarini sug‘orish uchun oxurlarga suv to‘ldirgani kelib qoldilar. Ammo bir nechta cho‘pon kelib, qizlarni haydab yubordi. Shunda Muso qizlarni himoya qildi, ularning qo‘ylarini sug‘orishga ham yordamlashdi. Keyin qizlar otalari Yatroning yoniga qaytib keldilar. — Nimaga bugun erta qaytib keldingizlar? — deb so‘radi Yatro qizlaridan. — Misrlik bir odam bizni cho‘ponlardan himoya qildi, — deb javob berishdi qizlar. — Buning ustiga, bizning o‘rnimizga suv tortib, qo‘ylarimizni ham sug‘ordi. — Qayerda o‘sha odam? — deb so‘radi Yatro qizlaridan. — Nimaga u odamni qoldirib keldingizlar? Boringlar, uni chaqirib kelinglar, biz bilan birga ovqatlansin. Shunday qilib, Muso Yatronikida yashashga rozi bo‘ldi. Yatro esa Musoni qizi Zippuraga uylantirib qo‘ydi. Zippura Musoga o‘g‘il tug‘ib berdi. Muso: “Men begona yurtda musofir bo‘lgan edim”, deb o‘g‘lining ismini Gershom qo‘ydi. Yillar o‘tdi. Bu orada Misr fir’avni olamdan o‘tib ketdi. Isroil xalqi hamon qullikda azob chekar, madad so‘rab faryod qilardi. Ularning faryodi Xudoga yetib bordi. Xudo Isroil xalqining ohu nolalarini eshitdi. Ibrohim, Is’hoq, Yoqub bilan ahd qilib bergan va’dasi Uning yodida edi. Xullas, Xudo Isroil xalqining ahvolini ko‘rib, ularga achindi. Musoning qaynatasi — Midiyon yurtining ruhoniysi bo‘lgan Yatro edi. Muso uning qo‘y–echkilarini boqib yurardi. U qo‘y–echkilarni sahroning g‘arb tomoniga haydab, Xudoning muqaddas tog‘i Sinayga borib qoldi. Birdan butadagi alangada Egamizning farishtasi Musoga zohir bo‘ldi. Muso hayron bo‘ldi: buta yonardi–yu, ammo yonib tugamasdi. Muso: “Juda g‘alati–ku, borib, bir qaray–chi, buta nimaga yonib tugamayapti ekan”, deb o‘yladi. Muso yaqinroq bordi, Egamiz uning kelayotganini ko‘rib, butaning orasidan: “Muso! Muso!” deb chaqirdi. — Labbay, shu yerdaman, — deb javob berdi Muso. — Endi bu yog‘iga kelma! Oyog‘ingdagi chorig‘ingni yech! — dedi Xudo. — Sen turgan joy muqaddas yerdir. Men ota–bobolaring — Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman. Muso Xudoga qarashdan qo‘rqib, darrov yuzini berkitib oldi. Keyin Egamiz yana aytdi: — Imoning komil bo‘lsin: xalqimning Misrda chekkan azoblarini ko‘rdim, madad so‘rab nazoratchilar zulmi dastidan qilgan faryodlarini eshitdim. Ha, xalqimning chekkan hamma azoblarini bilaman. Shuning uchun Men xalqimni Misrliklarning zulmidan qutqargani keldim. Men ularni Misrdan olib chiqib, keng, unumdor, sut va asal oqib yotgan yurtga olib borgani keldim. Bu yerda Kan’on, Xet, Amor, Pariz, Xiv va Yobus xalqlari yashaydi. Xalqimning faryodi Menga yetib keldi. Misrliklar xalqimga qanchalik zulm o‘tkazayotganini ko‘rib turibman. Qani, bo‘l, seni hozir Misr fir’avni huzuriga yuboraman. Xalqim Isroilni Misrdan sen olib chiqasan. Shunda Muso Xudoga: — Men kim bo‘libmanki, fir’avnning huzuriga borib Isroil xalqini Misrdan olib chiqsam?! — deb javob berdi. Xudo esa shunday dedi: — Men sen bilan bo‘laman. Isroil xalqini Misrdan olib chiqqaningdan keyin, shu toqqa kelib, Menga sajda qilasizlar. Seni Men yuborganimning isboti shu bo‘ladi. Ammo Muso Xudoga quyidagicha javob berdi: — Isroil xalqi oldiga borib: “Sizlarning oldingizga ota–bobolaringizning Xudosi meni yubordi”, deb aytsam, ular “Kim U?” deb so‘raydilar–ku! O‘shanda men nima deb javob beraman? — Men har doim bor bo‘lgan Xudoman, — deb javob berdi U. — Xalqim Isroilga: “Meni sizlarning oldingizga yuborgan — Men Borman”, deb aytasan. Isroil xalqiga yana: “Meni sizlarning oldingizga ota–bobolaringiz — Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi — Egamiz yubordi”, deb ayt. Mening nomim to abad shunday bo‘lsin. Unvonimni kelgusi avlodlar shunday deb aytsin. Xudo yana Musoga aytdi: — Endi bor, xalqim Isroilning oqsoqollarini to‘plab, ularga: “Ota–bobolaringiz — Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi — Egangiz menga zohir bo‘ldi”, deb ayt. Ularga shu gapimni yetkaz: “Imoningiz komil bo‘lsin: Misrliklar sizlarga qanday zulm o‘tkazayotganini Men ko‘rib, kuzatib turibman. Endi va’da berib aytamanki, sizlarni Misrda chekayotgan azob–uqubatlaringizdan xalos qilaman. Sizlarni Kan’on, Xet, Amor, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarining yerlariga, sut va asal oqib yotgan yurtga boshlab olib boraman.” Isroil oqsoqollari senga quloq solishadi. Keyin Misr fir’avni huzuriga ular bilan sen ham birga bor. Fir’avnga shunday denglar: “ Ibroniylarning Xudosi — Egamiz O‘zini bizga zohir qildi. Endi bizga ijozat ber, sahroda uch kun yo‘l yurib borib, Egamiz Xudoga qurbonliklar keltiraylik.” Ammo kuchli bir qo‘l majburlamasa, Misr fir’avni sizlarning ketishingizga ijozat bermasligini bilaman. O‘shanda Men qo‘limni ko‘tarib, Misrliklarni uraman. Ularning orasida har xil ajoyibotlar bilan Misrni uraman. O‘shandan keyingina fir’avn sizlarning ketishingizga ijozat beradi. Men shunday qilamanki, xalqimga — sizlarga Misrliklar iltifot ko‘rsatadilar. Sizlar ketayotganlaringizda bo‘sh qo‘l bilan chiqib ketmaysizlar. Isroil xalqidan har bir ayol Misrlik qo‘shnisidan yoki qo‘shnisining uyida istiqomat qilayotgan Misrlik ayoldan oltin va kumush taqinchoqlar, kiyim–kechaklar so‘rab oladi. O‘g‘illaringizni, qizlaringizni taqinchoqlaru kiyim–kechaklar bilan yasantirasizlar. Shunday qilib, Misrliklarning boyliklarini olib ketasizlar. Shunda Muso: — Isroil xalqi gapimga quloq solmasdan: “ Egamiz senga zohir bo‘lmagan”, deb menga ishonmasa, unda nima qilaman? — deb so‘radi. — Qo‘lingdagi nima? — deb so‘radi Egamiz. — Tayoq, — deb javob berdi Muso. — Tayoqni yerga tashla! — deb amr qildi Egamiz. Muso tayoqni yerga tashlagan edi, tayoq ilonga aylanib qoldi. Muso darrov ilondan o‘zini olib qochdi. Egamiz yana Musoga: — Qo‘lingni uzatib, ilonning dumidan ushla! — deb amr berdi. Muso qo‘lini uzatib, ilonning dumidan ushlagan edi, shu zahoti ilon Musoning qo‘lida yana tayoqqa aylanib qoldi. Shu mo‘jizani ko‘rsatasan! — deb amr berdi Egamiz, — toki Mening xalqim ota–bobolari — Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi — Men senga zohir bo‘lganimga ishonsinlar. So‘ngra Egamiz yana: — Qo‘lingni qo‘yningga tiq! — deb amr berdi. Muso qo‘lini qo‘yniga tiqib, chiqargan edi, qo‘liga yara toshib, qorday oppoq bo‘lib qoldi. — Qo‘lingni yana qo‘yningga tiq! — deb amr berdi Egamiz. Muso qo‘lini yana qo‘yniga tiqib chiqargan edi, qo‘li tanasining qolgan qismi singari, asl holiga qaytdi. — Agar senga ishonmasalar yoki ko‘rsatgan birinchi mo‘jizangga e’tibor bermasalar, ikkinchi mo‘jizaga ishonadilar, — dedi Egamiz. — Gapingga quloq solmay, ikkala mo‘jizaga ham ishonmasalar, Nil daryosi suvidan olib, quruq yerga to‘k. Daryodan olib yerga to‘kkan suving qonga aylanadi. — Yo, Rabbiy! — dedi Muso. — Men, quling, ilgari ham, hozir — sen bilan gaplasha boshlaganimdan buyon ham yaxshi gapira olmayman. Axir, mening tilim chuchuk, sekin gapiraman. Shunda Egamiz: — Insonga til ato qilgan kim? — dedi. — Insonni kim soqov, kar, ko‘radigan yoki ko‘r qilib yaratadi? Men, Egangiz, emasmi?! Endi bor! Gaplashganingda, Men sen bilan birga bo‘laman. Nimani gapirishingni Men senga o‘rgatib turaman. — Yo, Rabbiy! — dedi Muso. — Iltijo qilaman: Mening o‘rnimga boshqasini yubora qolgin. Shundan keyin Egamiz Musodan qattiq g‘azablanib dedi: — Akang Horun bor–ku! U ham Levi naslidan. Bilaman, u gapga chechan. Ana, o‘zi ham senga peshvoz kelyapti. Akang seni ko‘rib xursand bo‘ladi. [15-16] Horun sening o‘rningga xalq bilan gaplashadi. Horun nima deyishi lozimligini sen aytasan. Sen u uchun Xudoga — Menga o‘xshagan bo‘lasan. Sizlar gapirganingizda, Men ikkovingiz bilan birga bo‘laman. Har ikkovingizga Men nima qilishingizni aytib turaman. *** Mana bu tayog‘ingni qo‘lingga ol, bu mo‘jizalarni tayoq orqali ko‘rsatasan. Muso qaynatasi Yatroning oldiga qaytib kelib, unga dedi: — Ijozat bering, Misrdagi qabiladoshlarimning yoniga qaytay. Borib bilay–chi, ular haliyam tirikmikan. — Eson–omon bor, — deb Yatro u bilan xayrlashdi. Muso hamon Midiyonda yashar ekan, Egamiz unga: — Misrga qayt, sening joningni olmoqchi bo‘lganlarning hammasi olamdan o‘tib ketdi, — degan edi. Shunday qilib, Muso xotini bilan o‘g‘illarini eshakka mindirdi. Xudo, ol, deb tayinlagan tayoqni qo‘liga olib, Misrga boradigan yo‘lga chiqdi. Egamiz Musoga yana shularni eslatdi: — Misrga borganingda, Men bergan qudrat bilan sen fir’avnning ko‘zi oldida hamma ajoyibotlarni ko‘rsat. Men esa uning yuragini tosh qilib qo‘yaman. U xalqimning ketishiga ijozat bermaydi. Keyin sen fir’avnga Mening shu gapimni yetkaz: “Egamiz shunday aytmoqda: — Isroil Mening to‘ng‘ich o‘g‘limdir. Ijozat ber, o‘g‘lim borib, Menga sajda qilsin, deb senga aytgan edim. Ammo sen unga ketishga ijozat bermading. Shuning uchun endi sening to‘ng‘ich o‘g‘lingni nobud qilaman.” Muso va uning oilasi tunni o‘tkazgani yo‘lda to‘xtadilar. Shu paytda Egamiz Musoga duch keldi–da, sal bo‘lmasa uni o‘ldiray dedi. Shu zahoti xotini Zippura tosh pichoq olib, o‘g‘lini sunnat qildi. Sunnat terisini Musoning oyoqlariga tekkizib: “Seni men uchun shu sunnat qoni himoya qildi”, dedi. Shunda Egamiz Musoning hayotini saqladi. Zippura Musoga: “Sen shu sunnat qoni orqali himoya qilinding”, dedi. So‘ngra Egamiz Horunga: — Musoni kutib olgani sahroga bor! — deb amr berdi. Shunday qilib, Horun Musoni kutib olgani Xudoning muqaddas tog‘iga ketdi. Horun Musoni topgach, u bilan quyuq salomlashdi. Muso Egamizning unga aytgan hamma gaplarini Horunga gapirib berdi. Bajarishi kerak bo‘lgan hamma mo‘jizalar haqida ham Horunga so‘zlab berdi. Shunday qilib, Muso bilan Horun Misrga borishgach, Isroilning hamma oqsoqollarini to‘pladilar. Horun Egamizning Musoga aytgan hamma gaplarini oqsoqollarga so‘zlab berdi. Ularning ko‘zi oldida mo‘jizalarni ko‘rsatdi. Oqsoqollar eshitib ko‘rganlariga ishondilar. Egamiz o‘z xalqini kuzatib turganini, ular chekkan azoblarni ko‘rganini eshitib, Unga ta’zim etib, sajda qildilar. Shundan keyin Muso bilan Horun fir’avn huzuriga borib, unga shunday dedilar: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Xalqimga ijozat ber, ular sahro ichkarisiga borib, Menga atab bayram nishonlashsin.” Fir’avn esa: — Egangiz kim o‘zi?! Uning so‘ziga kirib Men Isroil xalqini qo‘yib yuboraymi?! — dedi. — Egangizni tanimayman, Isroil xalqining ketishiga esa ijozat bermayman. Shunda Muso bilan Horun: — Ibroniylarning Xudosi bizga O‘zini zohir qildi, — deb javob berishdi. — Ijozat ber, sahroda uch kun yo‘l yurib borib, Egamiz Xudoga qurbonliklar keltiraylik. Aks holda, U bizni yo o‘latga mubtalo qiladi, yoki qilichning damiga ro‘para qilib jazolaydi. Lekin Misr fir’avni: — Ey, Muso! Ey, Horun! Nimaga xalqni ishdan qoldiryapsizlar?! — dedi. — Boringlar, ishlaringizni qilinglar! Qaranglar, bu yerda qancha qarollar bor–a! Sizlar bo‘lsa, ularni chalg‘itib, ishdan qo‘ymoqchisizlar! O‘sha kuni fir’avn Isroil xalqining tepasida turgan Misrlik nazoratchilarga va Isroil xalqidan bo‘lgan ishboshilarga shunday farmon berdi: “Isroil xalqiga g‘isht quygani endi oldingiday somon bermanglar. O‘zlari yurib somon yig‘ishsin. Oldin qancha g‘isht quyishgan bo‘lsa, bundan keyin ham shuncha g‘isht quyishga majbur qilinglar. G‘isht quyish miqdorini hech ham kamaytirmanglar. Ular dangasa xalq. Shuning uchun, ijozat bering, borib, Xudoyimizga qurbonliklar keltiraylik, deb nola qilishyapti. Ularni shunaqangi ishlatinglarki, ish bilan qattiq band bo‘lib, behuda gaplarga quloq solishmasin.” Shunday qilib, Isroil xalqining tepasida turgan Misrlik nazoratchilar bilan Isroil xalqidan bo‘lgan ishboshilar borib, Isroil xalqiga aytdilar: — Fir’avn shunday demoqda: “Sizlarga endi somon bermayman. Borib, qayerdan bo‘lsa ham o‘zlaringiz somon topinglar, lekin quyayotgan g‘ishtingizning hajmi aslo kamaymaydi.” Isroil xalqi somon o‘rniga xas–cho‘p yig‘ish uchun butun Misr yurti bo‘ylab tarqalib ketdi. Nazoratchilar esa ularni siquvga olar edilar. “Kundalik ishlaringizni somon berilgan kunlardagiday kamaytirmasdan bajaringlar”, deb aytardilar. Fir’avnning nazoratchilari o‘zlari xizmatga tayinlagan Isroil xalqi ishboshilarini kaltaklab: “Nimaga kecha ham, bugun ham, oldingiday, belgilangan miqdordagi g‘ishtni quymayapsizlar?” deb talab qilardilar. Shundan so‘ng Isroil xalqi ishboshilari fir’avn huzuriga borib, faryod qildilar: — Nimaga biz, qullaringizga, bunday muomala qilyapsiz? Bizga somon berishmaydi–yu, “G‘isht quyinglar!” deb buyruq qilishadi. Biz kaltak ostida qoldik–ku! Aybdor esa sizning odamlaringiz. Fir’avn esa: — Dangasasizlar, dangasa! — deya javob berdi. — Shuning uchun: “Ijozat ber, borib, Egamizga qurbonliklar keltiraylik”, deyaverasizlar. Boringlar, ishlanglar! Sizlarga somon berilmaydi. Lekin belgilangan miqdordagi g‘ishtni quyasizlar. Shunda Isroil xalqining ishboshilari: “Kunda belgilangan g‘isht miqdorini kamaytirmasdan quyasizlar!” degan gapni eshitib, qiyin ahvolda qolganlarini tushundilar. Ular fir’avn huzuridan chiqishlari bilan, Muso bilan Horunga duch kelishdi. Ikkovi ularni kutib turgan edi. Isroil xalqi ishboshilari: — Sizlar bizni fir’avnga, uning a’yonlariga yomon ko‘rsatib qo‘ydingizlar, — deyishdi. — Bizni o‘ldirishiga sabab topib berdingiz. Egamiz qilmishlaringizni ko‘rib, jazongizni bersin! Shundan keyin Muso ularning oldidan ketib, Egamizga iltijo qildi: — Yo, Rabbiy! Nimaga bu xalqni shunchalik kulfatga qo‘yding? Nimaga meni yubording? Fir’avnga Sening xabaringni olib kelishim bilanoq, u xalqingga battar vahshiylik qila boshladi. Sen esa O‘zingning xalqingni ozod qilmading. Shundan so‘ng Egamiz Musoga aytdi: — Fir’avnni nima qilishimni endi ko‘rasan. U qudratli kuchimni ko‘rgandan keyin, xalqim ketishiga ijozat beribgina qolmaydi, hatto xalqimni o‘z yurtidan quvlab yuboradi. Xudo Musoga yana dedi: — Men Egangizman. — Ibrohimga, Is’hoqqa va Yoqubga Men Qodir Xudo bo‘lib O‘zimni zohir qildim. Ammo ularga Men, ularning Egasi, deb tanilmagan edim. Ular Kan’on yurtida musofir bo‘lib yashagan edilar. O‘sha yurtni sizlarga beraman, deb ular bilan ahd qildim. Misrliklar qul qilgan Isroil xalqining faryodini aniq eshitdim. Men o‘sha ahdimni yodimda tutaman. Shunday qilib, bu to‘g‘rida Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Men Egangizman. Men sizlarni Misrliklarning zulmidan ozod qilaman, qullikdan olib chiqaman. Qudratli kuchim va hukmning buyuk ishlari bilan sizlarni qullikdan ozod qilaman. Men sizlarni O‘zimning xalqim qilaman, Men sizlarning Xudoyingiz bo‘laman. Sizlarni Misrliklarning zulmidan xalos qilgan Egangiz Xudo Men ekanligimni o‘shanda bilib olasizlar. Men Ibrohimga, Is’hoqqa va Yoqubga ont ichib, beraman, degan yurtga sizlarni olib boraman. O‘sha yurtni sizlarga mulk qilib beraman. Men Egangizman.” Muso bu gaplarni Isroil xalqiga aytgan edi, ammo xalq uning gaplariga quloq solmadi. Chunki xalq og‘ir zulm ostida qolib, ruhan tushkunlikka tushgan edi. Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi: — Misr fir’avni huzuriga borib ayt: Isroil xalqi Misrdan chiqib ketishiga ijozat bersin. — Gapimga Isroil xalqi quloq solmadi–yu, fir’avn quloq solarmidi?! — dedi Muso. — Qolaversa, yaxshi gapira olmayman–ku! Ammo Egamiz Muso bilan Horunga amr qildi: “Misr fir’avni oldiga qaytib boringlar. Isroil xalqi Misrdan ketishiga ijozat bering, deb talab qilinglar.” Ba’zi Isroil qabilalarining urug‘boshilari quyidagilardir: Yoqubning to‘ng‘ich o‘g‘li Ruben nasliga Xano‘x, Palluv, Xazron va Karmi kiradi. Ularning nasli Ruben urug‘lari edi. Shimo‘nning nasliga Yamuvol, Yomin, Oxad, Yoxin, Zo‘xar va Kan’onlik ayoldan tug‘ilgan o‘g‘li Shovul kiradi. Ularning nasli Shimo‘n urug‘lari edi. Levi nasliga Gershon, Qohot va Marori kiradi. Levi 137 yil yashadi. Bu nasldan kelib chiqqan urug‘lar quyidagilardir: Gershonning nasliga Lubnax va Shimax kiradi, ularning har biri urug‘boshilardir. Qohotning nasliga Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol kiradi. Qohot 133 yil yashadi. Marorining nasliga Maxli va Mushi kiradi. Yuqoridagi ro‘yxat Levi nasli va ularning urug‘larinikidir. Imrom o‘zining ammasi Yo‘xavadga uylandi. Imrom xotinidan Horun va Musoni ko‘rdi. Imrom 137 yil yashadi. Izxorning nasli Ko‘rax, Nafax va Zixridir. Uziyolning nasli Mishail, Elzafan va Sitridir. Horun Elishbaga uylandi. U Ominadovning qizi, Naxsho‘nning singlisidir. Horun xotinidan Nadov, Abihu, Elazar va Itamarni ko‘rdi. Ko‘raxning nasli Aser, Elqana va Abuasafdir. Ularning nasli Ko‘rax urug‘lariga asos soldi. Horunning o‘g‘li Elazar Futiyolning qizlaridan biriga uylandi. Elazar xotinidan Finxazni ko‘rdi. Urug‘lari bo‘yicha Levi qabilasining urug‘boshilari ana shulardir. Yuqorida aytib o‘tilgan Horun va Musoga Egamiz: “Isroilning har bir oilasi va qabilasini Misrdan olib chiqinglar!” deb amr berdi. Ular: “Isroil xalqini ozod qiling”, deb Misr fir’avniga buyruq berdilar. Shunday qilib, Egamiz Muso bilan Misrda gaplashganda, unga: “Men Egangizman, senga aytganlarimning hammasini Misr fir’avniga yetkaz!” deb amr bergan edi. Muso esa Egamizning oldida: “Men yaxshi gapira olmayman–ku! Fir’avn mening gapimga quloq solmaydi!” degan edi. Egamiz Musoga aytdi: — Qarab tur, akang Horunni sening o‘rningga gapiradigan qilaman. Seni fir’avnning ko‘zi oldida Xudo singari — Menday qilib qo‘yaman. Horun sening payg‘ambaring bo‘lib, gaplaringni fir’avnga yetkazadi. Men senga aytgan hamma amrlarni akangga ayt. Isroil xalqi Misrdan chiqib ketishi uchun ijozat ber, deb Horun fir’avnga aytadi. Lekin Men alomatu mo‘jizalarimni Misr yurtida ko‘rsatay, deb fir’avnning yuragini tosh qilib qo‘yaman. Fir’avn sizlarning gapingizga quloq solmaydi. O‘shanda Men Misrga qarshi qo‘l ko‘tarib, unga ko‘p kulfatlar keltiraman. Keyin hukmning qudratli ishlari bilan Isroil oilalarini va qabilalarini olib chiqaman. Misrga qarshi qo‘l ko‘tarib, Isroil xalqini Misrliklarning orasidan olib chiqqanimda, Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi. Muso bilan Horun Egamizning amriga binoan ish tutdilar. Ular fir’avn bilan gaplashganlarida, Muso sakson yoshda, Horun sakson uch yoshda edi. Egamiz Muso bilan Horunga gapirdi: — Fir’avn sizlarga: “Birorta ajoyibot ko‘rsatinglar–chi”, deb aytsa, Horunga buyur, tayoqni olib, fir’avnning oldiga tashlasin. Tayoq ilonga aylanib qoladi. Shunday qilib, Muso bilan Horun fir’avn huzuriga bordilar. Egamiz amr etganday ish tutdilar: Horun tayog‘ini fir’avn va uning a’yonlari oldiga tashlagan edi, tayoq o‘sha zahoti ilonga aylanib qoldi. Shunda fir’avn ham o‘zining sehrgarlarini — donishmandlarini va folbinlarini chaqirdi. Misr sehrgarlari sehr–jodularini ishlatib, o‘shanaqa mo‘jiza ko‘rsatdilar. Har biri tayog‘ini yerga tashlagan edi, tayoq ilonga aylanib qoldi. Horunning iloni Misr sehrgarlarining ilonlarini yutib yubordi. Egamiz aytganday, baribir, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, Muso bilan Horunning gapiga quloq solmadi. Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi: “Baribir, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, xalqimning ketishiga ijozat berishni istamayapti. Ertaga ertalab fir’avnning oldiga bor. U daryoga boradi. Sen uni daryo bo‘yida kutib tur. Ilonga aylangan tayog‘ing qo‘lingda bo‘lsin. Fir’avnga shunday deb ayt: — Ibroniylarning Xudosi — Egamiz meni sening huzuringga shu gapni aytgani yubordi. Egamizning gapi shunday: “Mening xalqimga ijozat ber, ular sahroga borib, Menga sajda qilishsin.” Sen hamon Egamizning gapiga quloq solmayapsan. Egamiz shunday aytmoqda: “Isroil xalqining Egasi Men ekanligimni endi bilib olasan.” Qo‘limdagi mana bu tayoqni Nil daryosining suviga urganimda, suv qonga aylanadi. Daryodagi baliqlar nobud bo‘ladi. Daryo sasib ketadi. Misr xalqi daryo suvini icholmaydi.” So‘ngra Egamiz Musoga shunday dedi: — Horunga ayt, tayoqni qo‘liga olib, Misr suvlari tomonga — Misrdagi daryolar, anhorlar, ko‘llar, hamma suv havzalari tomonga uzatsin. Misrdagi hamma joylarda suv qonga aylanadi, hatto butun Misr yurtidagi yog‘och va tosh idishlardagi suvlar ham qonga aylanadi. Shunday qilib, Muso bilan Horun Egamiz amr etganday qilishdi: Horun fir’avn va uning a’yonlari ko‘zi oldida tayog‘ini ko‘tarib daryo suviga urgan edi, shu zahoti daryo suvi qonga aylanib qoldi. Daryodagi baliqlar nobud bo‘lib, daryo suvi sasib ketdi. Misr xalqi daryo suvini icholmay qoldi. Misrning hamma yeri qonga to‘lib ketdi. Misr sehrgarlari ham sehr–jodularini ishlatib, xuddi o‘shanday qildilar. Egamiz aytganday, baribir, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, Muso bilan Horunning gapiga quloq solmadi. Bo‘lib o‘tgan mo‘jizadan fir’avnning yuragi qilt etmasdan, saroyiga qaytdi. Daryo suvini ichib bo‘lmagani sababli, Misr xalqi ichimlik suvi topish uchun daryo yaqinida quduqlar kovlay boshladilar. Egamiz Nil daryosi suviga urgandan keyin yetti kun davomida suv qon bo‘lib oqaverdi. Egamiz Musoga yana aytdi: — Fir’avnning huzuriga borib, Mening shu gapimni yetkaz: “ Egamiz shunday aytmoqda: — Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. Agar sen xalqimga ijozat berishdan bo‘yin tovlasang, butun yurtingga qurbaqa yuborib shikast yetkazaman. Daryo qurbaqalar bilan to‘lib–toshadi. Qurbaqalar daryodan chiqib, sening saroyingga, yotoqxonangga, to‘shagingga, a’yonlaringu xalqingning uylariga, tandirlariga va xamir tog‘oralariga ham kirib oladi. Qurbaqalar sening, Misr xalqining va barcha a’yonlaringning ustilarida sakrab yuradi.” Egamiz Musoga yana gapirdi: — Horunga ayt, u qo‘lidagi tayog‘ini daryolar, anhorlar, ko‘llar tomonga uzatib, qurbaqalarni chiqarsin. Misr yurtini qurbaqalar bosib ketsin. Horun tayog‘ini Misr suvlari tomonga uzatdi. O‘sha zahoti qurbaqalar chiqib, Misrni bosib ketdi. Misrlik sehrgarlar ham sehr–jodulari bilan Misr yurtiga qurbaqalar chiqardilar. Shunda fir’avn Muso bilan Horunni chaqirib aytdi: — Egangizga: “Fir’avnni va uning xalqini O‘zing qurbaqalardan xalos qilgin”, deb ibodat qilinglar. Shundan keyin Isroil xalqiga ketgani ijozat beraman, toki ular borib Egangizga qurbonliklar keltirsin. Shunda Muso fir’avnga dedi: — Xo‘p, vaqtini o‘zing tayinla. Qurbaqalar sizlardan, xonadonlaringizdan yo‘qolsin, faqat Nil daryosida qolsin, deb sen, a’yonlaring va xalqing uchun qachon ibodat qilay? — Ertaga, — dedi fir’avn. — Bo‘pti, sen aytganday bo‘ladi! — deb javob berdi Muso. — O‘shanda Egamiz Xudoga o‘xshagan xudo yo‘qligini bilib olasan. Qurbaqalar sendan, a’yonlaringdan, xalqingdan va xonadonlaringizdan yo‘qoladi. Faqat Nilda qoladi, xolos. Shunday qilib, Muso bilan Horun fir’avn huzuridan chiqdilar. Fir’avn boshiga keltirgan qurbaqa ofatini yo‘q qilgin, deb Muso Egamizga iltijo qildi. Egamiz Musoning iltijosini eshitdi, uylardagi, hovlilardagi va dalalardagi qurbaqalar o‘ldi. Qurbaqalarning o‘ligini uyum–uyum qildilar. Misr yurtini qo‘lansa hid tutib ketdi. Lekin fir’avn Misr yurti qurbaqadan xalos bo‘lganini ko‘rgach, Egamiz aytganday, yuragini tosh qilib, Muso bilan Horunning gapiga quloq solmadi. Egamiz Musoga gapirishda davom etdi: — Horunga buyur, u tayog‘ini uzatib, yerning changiga ursin. Shunda yerdagi chang burgaga aylanib, butun Misrni qoplaydi. Ular Egamizning aytganini qildilar: Horun qo‘lidagi tayog‘ini uzatib, yerning changiga urgan edi, insonlar bilan hayvonlarning ustiga burga yopirildi. Butun Misr yerining changi burgaga aylandi. Odamlarni, hayvonlarni burga bosib ketdi. Sehrgarlar ham sehr–jodulari bilan changni burgaga aylantirmoqchi bo‘ldilar, lekin uddasidan chiqolmadilar. Ular fir’avnga: “Bu Xudoning ishi”, deyishdi. Lekin Egamiz aytganday, baribir, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, Muso bilan Horunning aytganlariga quloq solmadi. Egamiz Musoga yana gapirdi: — Ertaga saharda o‘rningdan tur. Fir’avn daryoga borayotganda, uning oldiga borgin–da, Mening shu gapimni yetkaz: “Egamiz shunday aytmoqda: — Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. Agar xalqimni qo‘yib yubormasang, Men o‘zingning, a’yonlaringning, xalqingning ustiga so‘nalar galasini yuborib jazolayman. Misrliklarning uylari, ular yashayotgan yer so‘naga to‘lib–toshadi. Lekin o‘sha kuni O‘z xalqim yashayotgan Go‘shen yerlarini ajratib qo‘yaman. U yerda so‘na bo‘lmaydi. Men, Egangiz, bu yurtda bor ekanligimni bilib olinglar, deb shuni qilaman. Men O‘z xalqim bilan sening xalqingni ayirib qo‘yaman. Bu mo‘jiza ertaga yuz beradi.” Egamiz aytganini qildi: fir’avnning saroyiga, a’yonlarining uylariga gala–gala so‘na yubordi. Butun Misr yurti so‘na oqibatida xarob bo‘ldi. Shundan so‘ng fir’avn Muso bilan Horunni chaqirib: “Boringlar, shu yurt ichida Xudoyingizga qurbonliklar keltiraveringlar”, deb aytdi. — Bunaqa qilsak, to‘g‘ri bo‘lmaydi, — deb javob berdi Muso. — Egamiz Xudoga hayvonlarni qurbonlik qilsak, Misrliklar buni jirkanch deb hisoblaydilar. Misrliklar qabih deb hisoblagan ishni yana ularning ko‘z oldida qilsak, bizni toshbo‘ron qilmaydilarmi?! Egamiz Xudo, bizga amr etganday, Unga qurbonliklar keltirgani sahroda uch kun yo‘l yurib borishimiz kerak. — Mayli, ijozat beraman, — dedi fir’avn. — Sahroga borib, Egangiz Xudoga qurbonliklar keltiringlar. Lekin uzoqqa ketmaysizlar. Endi sen hoziroq men uchun ibodat qil. — Huzuringdan chiqishim bilanoq Egamizga: “Ertaga so‘nalar fir’avndan, a’yonlaridan, xalqidan daf bo‘lsin”, deb ibodat qilaman, — dedi Muso. — Lekin xalq Egamizga qurbonliklar keltirgani ketayotganda, bizni aldama, ijozat bermay qo‘yma. Muso fir’avn huzuridan chiqib, Egamizga ibodat qildi. Egamiz Musoning ibodatini eshitdi. Fir’avndan, uning a’yonlaridan, Misr xalqidan so‘nalarni daf qildi. Birorta ham so‘na qolmadi. Lekin fir’avn bu safar ham yuragini tosh qilib, xalqqa ketishga ijozat bermadi. Shundan keyin Egamiz Musoga yana gapirdi: — Fir’avnning huzuriga borib, unga Mening shu gapimni yetkaz: “ Ibroniylarning Xudosi — Egamiz, Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilishsin, deb aytmoqda. Agar ijozat bermay, Isroil xalqini ushlab turaversang, chorvangni — otlaringni, eshaklaringni, tuyalaringni, mol–qo‘ylaringni Egamiz o‘z qudrati bilan urib, og‘ir o‘lat kasali yuboradi. Egamiz Isroil xalqi bilan Misrliklarning chorvasini ayirib qo‘yadi. Isroil xalqining chorvasidan birortasiyam nobud bo‘lmaydi. Egamiz vaqtini ham belgilab, aytganlarim ertaga bu yurtda bajo bo‘ladi, deb aytdi.” Ertasi kuni Egamiz aytganlarini qildi: Misrliklarning chorvasi qirilib ketdi. Isroil xalqining chorvasidan esa birortasini ham nobud qilmadi. Fir’avn odam yuborib bildiki, Isroil xalqining chorvasidan birortasiyam nobud bo‘lmabdi. Lekin baribir, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi. Shundan keyin Egamiz Muso bilan Horunga yana aytdi: — O‘choqdan bir oz kul olinglar. Muso kulni fir’avnning ko‘zi oldida osmonga sochsin. Shunda kul changga aylanib, butun Misrni chang qoplaydi. Kul butun yurtdagi insonlarning, hayvonlarning tanasiga yallig‘langan chipqon chiqaradi. Shunday qilib, Muso bilan Horun o‘choqdan kul olib, fir’avn huzuriga bordilar. Muso kulni osmonga sochgan edi, kul odamlarda va hayvonlarda yallig‘langan chipqon paydo qildi. Sehrgarlar ham Musoning oldida chipqon og‘rig‘iga chidab turolmadilar. Chunki barcha Misrliklar kabi, sehrgarlarga ham chipqon chiqqan edi. Ammo Egamiz fir’avnning yuragini tosh qilib qo‘ydi. U Musoga aytganday, Muso bilan Horunning gapiga fir’avn quloq solmadi. Egamiz Musoga yana dedi: — Sahar payti tur. Fir’avnning huzuriga borib, unga Mening shu gapimni yetkaz: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz aytmoqda: — Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. Agar ijozat bermasang, bu dunyoda Menga o‘xshagan xudo yo‘qligini bilib olasan, deb Men o‘zingning, a’yonlaringning, xalqingning ustiga juda og‘ir falokatlarni yuboraman. Haqiqatan, Men senga qarshi qo‘l ko‘tarib, o‘zing va xalqingni o‘latga duchor qilib, yer yuzidan qirib yuborgan bo‘lardim. Ammo senga qudratimni ko‘rsatay, butun olamga shuhratimni yoyay, deb yashamog‘ingga izn berdim. Sen xalqimning ketishiga ijozat bermay, ularga qarshilik qilyapsan. Bilib qo‘y, Men ertaga shu vaqtda shunaqangi do‘l yog‘diramanki, Misr yurti paydo bo‘lgandan buyon bunaqa do‘lni ko‘rmagan. Endi, chorvamni va ochiq joylardagi bor mol–mulkimni pana joylarga yig‘inglar, deb farmon ber. Do‘l yoqqanda, uyda bo‘lmay, dalada qolgan hamma odamlaru hayvonlar nobud bo‘ladi.” Fir’avnning a’yonlaridan ba’zilari Egamizning so‘zlaridan qo‘rqib, qullarini va chorvasini darrov uylariga olib keldilar. Egamizning so‘zlarini mensimaganlar esa qullari bilan chorvasini ochiq joyda qoldirdilar. Egamiz Musoga: — Qo‘lingni osmonga uzat! — dedi. — Misrning hamma joyiga, odamlarning, hayvonlarning, daladagi jamiki ekinlarning ustiga do‘l yog‘adi. Muso tayog‘ini osmonga to‘g‘ri ko‘targan edi, Egamiz momaqaldiroq va do‘l paydo qildi, yerga yashin tushdi. Shunday qilib, Egamiz Misr yurtiga do‘l yubordi. Natijada g‘oyat kuchli do‘l yog‘ib, uzoq vaqt yashin chaqnadi. Misr paydo bo‘lgandan beri bunaqangi do‘lni ko‘rmagan edi. Do‘l Misrda ochiq joylardagi hamma narsani — insondan tortib hayvonlaru ekin–tikinlargacha nobud qildi. Daraxtlarni yer bilan yakson qildi. Faqat Isroil xalqi yashayotgan Go‘shen yerlariga do‘l yog‘madi. Fir’avn shundan so‘ng Muso bilan Horunni chaqirtirib kelib shunday dedi: — Bu safar men aybdorman. Egangiz haq, men bilan xalqim esa nohaqmiz. Bu momaqaldiroq bilan do‘lga ortiq bardosh berolmaymiz. Iltimos, Egangizdan so‘rang, bularni to‘xtatsin. Xalqingiz ketishiga ijozat beraman. Sizlar endi Misrda ortiq qolmaysizlar. — Shahardan chiqishim bilanoq qo‘llarimni Egamizga cho‘zib iltijo qilaman, — dedi Muso. — Momaqaldiroq to‘xtaydi, do‘l ham yog‘maydi. O‘shanda butun olam Egamizniki ekanini bilasan. Lekin shunisi menga ma’lumki, o‘zing, a’yonlaring hali ham Parvardigor Egamizdan qo‘rqmaysizlar. Bu paytda arpa boshoqlagan, zig‘irpoya gullab qolgandi. Zig‘irpoya va arpa payhon bo‘ldi. Biroq bug‘doy kechki bo‘lgani uchun zarar ko‘rmadi. Muso fir’avn huzuridan chiqib, shahardan tashqariga bordi. U qo‘llarini Egamizga tomon uzatgan edi, momaqaldiroq va do‘l to‘xtadi, yomg‘ir ham tindi. Yomg‘ir tinib, do‘l va momaqaldiroq to‘xtaganini fir’avn ko‘rdi–yu, yana gunohga qo‘l urdi. O‘zi ham, a’yonlari ham yuragini tosh qilib oldilar. Egamiz Muso orqali aytganday, baribir, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi. [1-2] Egamiz Musoga amr berdi: — Fir’avnning huzuriga bor! Men, mo‘jizalarimni ularning orasida ko‘rsatay, deb fir’avnni va uning a’yonlari yuragini tosh qilib qo‘ydim. Misrliklarni masxara qildim, ularga mo‘jizalar ko‘rsatdim. Endi sizlar bolalaringizga, nabiralaringizga bularni aytib berasizlar, deb shu ishlarni qildim. Ana shunda Egangiz Men ekanligimni hammalaringiz bilib olasizlar. *** Muso bilan Horun fir’avnning huzuriga borib unga Egamizning shu gapini yetkazdilar: “ Ibroniylarning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: — Sen qachongacha Menga itoat etmay yurasan?! Xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilishsin. Agar xalqimning ketishiga ijozat bermasang, Men ertaga yurtingga chigirtkalar yuboraman. Chigirtkalar yer yuzini shunaqangi qoplaydiki, yer tamomila ko‘rinmay qoladi. Do‘ldan omon qolgan hosilingizni, dalada o‘sgan jamiki daraxtlaringizni chigirtkalar yeb bitiradi. Saroying, a’yonlaringning uylari, hamma Misrliklarning xonadonlari chigirtkaga to‘lib ketadi. Ota–bobolaring yer yuzida paydo bo‘lgandan buyon bunaqasini ko‘rmagan.” Shundan keyin Muso fir’avnning huzuridan burilib chiqib ketdi. Shunda a’yonlar fir’avnga: — Bu odam bizga tuzoq bo‘lsa ham, qachongacha indamaysiz?! — dedilar. — Ijozat bering o‘shalarga! Ketaverishsin. Egasi Xudoga sajda qilishsin. Ko‘rmayapsizmi, Misr xarob bo‘ldi–ku! Shundan so‘ng Muso bilan Horunni fir’avn huzuriga chaqirtirib keldi. Fir’avn ikkoviga dedi: — Mayli boringlar, Egangiz Xudoga sajda qilinglar. Ammo sizlardan kimlar boradi? — Yoshu qari — hammamiz birga ketamiz, — deb javob berdi Muso. — O‘g‘illarimizni, qizlarimizni, mol–qo‘ylarimizni ham olib ketamiz. Egamizga atab bayram nishonlashimiz kerak. Fir’avn qarshilik qildi: — Agar xotinlaringiz va bolalaringiz bilan ketishlaringizga ijozat bersam, Egangiz albatta sizlar bilan bo‘ladi! Niyatingiz yomonligi ochiq ko‘rinib turibdi. Yo‘q, ularga aslo javob bermayman! Egangizga sajda qilgani borishni istayotgan sizlar emasmi?! Juda yaxshi. Faqat erkaklarni olinglar–u, ketaveringlar. Shunda Muso bilan Horunni fir’avnning huzuridan haydadilar. Egamiz Musoga: — Qo‘lingni Misr uzra uzat! — deb amr berdi. — Misr yurtiga chigirtka yog‘ilsin. Chigirtkalar bu yurtdagi hamma o‘simliklarni, do‘ldan omon qolgan hamma ekin–tikinni yeb bitirsin. Muso tayog‘ini Misr uzra uzatgan edi, Egamiz bu yurtga sharqdan shamol estirdi. Bir kecha–kunduz shamol esdi. Sharqdan esgan shamol ertalabgacha chigirtkalarni olib keldi. Butun Misr yurtiga chigirtka yopirildi. Misrning hamma joyini chigirtka bosib ketdi. Chigirtkalar shunchalik uyulib ketdiki, ilgari bunaqasi bo‘lmagan edi, bundan keyin ham bo‘lmaydi. Yer yuzini chigirtka bosib ketganidan, yer qop–qora bo‘lib qoldi. Jamiki ekin–tikinni, do‘ldan omon qolgan daraxtlardagi meva–chevalarni chigirtka yeb bitirdi. Misrdagi biror daraxtda, biror o‘simlikda yashil barg qolmadi. Fir’avn zudlik bilan Muso bilan Horunni chaqirtirib, ularga aytdi: — Egangiz Xudoga va o‘zlaringizga qarshi gunoh qildim. O‘tinaman, bir martagina gunohimdan o‘tib, Egangiz Xudoga iltijo qilinglar. Bu halokatli ofatni mendan daf qilsin. Muso fir’avnning huzuridan chiqib, Egamizga ibodat qildi. Egamiz g‘arbdan juda kuchli shamol estirdi. Shamol chigirtkalarni Qizil dengizga uchirib olib ketdi. Misr yurtida bironta ham chigirtka qolmadi. Lekin Egamiz fir’avnning yuragini yana tosh qilib qo‘ydi va fir’avn Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi. Egamiz Musoga: — Qo‘lingni osmonga uzat! — deb amr berdi. — Misrni qo‘rqinchli zulmat qoplaydi. Muso qo‘lini osmonga uzatdi. Shundan keyin Misr uch kun davomida zim–ziyo zulmat ichida qoldi, birov birovni ko‘ra olmadi. Natijada hech kim biron joyga yurib bora olmadi. Isroil xalqi yashayotgan yer esa yorug‘ edi. Fir’avn yana Musoni chaqirtirib, unga: — Boringlar, Egangizga sajda qilaveringlar, — dedi. — Bola–chaqalaringizni olib ketaveringlar. Ammo mol–qo‘ylaringizni qoldirib ketasizlar. — Bo‘lmaydi! — dedi Muso. — Chorvamizni ham olib ketishimizga ijozat berishing kerak. Biz Egamiz Xudoga qurbonliklar va kuydiriladigan qurbonliklar keltiramiz. Hamma chorvamizni o‘zimiz bilan olib ketamiz, orqada bironta ham tuyoq qolmasligi kerak. Egamiz Xudoga sajda qilganimizda, qurbonliklarni shu mol–qo‘ylarimizdan olamiz. U yerga bormagunimizcha, Egamizga nimani qurbonlik qilishimizni bilmaymiz–ku! Shunday qilib, Egamiz yana fir’avnning yuragini tosh qilib qo‘ydi. Fir’avn o‘jarlik qilib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi. Oxiri fir’avn Musoga: — Yo‘qol bu yerdan! — deb baqirdi. — Ehtiyot bo‘l, bundan keyin zinhor ko‘zimga ko‘rinma! Ko‘zimga ko‘ringan zahoti o‘lasan! — Sen aytganingday bo‘lsin! — dedi Muso. — Bundan keyin ko‘zingga ko‘rinmayin! Egamiz Musoga aytgandi: “Men fir’avnning boshiga ham, Misr yurtiga ham yana bitta falokat yuboraman, o‘shandan keyingina bu yerdan ketishingizga u sizlarga ijozat beradi. Bu yurtdan o‘zi sizlarni hatto haydab chiqaradi. Endi Isroil xalqiga ayt: hamma erkagu ayol Misrlik qo‘shnisidan oltin, kumush taqinchoqlar so‘rab olsin.” Egamiz Misrliklarni shunday qildiki, ular Isroil xalqiga iltifot ko‘rsatdilar. Musoni ham Misr yurtida, fir’avnning a’yonlari, Misr xalqi ko‘z oldida g‘oyat ulug‘ qilgan edi. Shunda Muso fir’avnga dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Tun yarmida Misr bo‘ylab yuraman. Shunda Misrdagi hamma to‘ng‘ich o‘g‘illar — taxtda o‘tirgan fir’avnning to‘ng‘ichidan tortib, qo‘l tegirmonida o‘tirib ishlayotgan cho‘ri xotinning to‘ng‘ich o‘g‘ligacha nobud bo‘ladi. Hatto chorvaning birinchi erkak bolasigacha nobud bo‘ladi. Butun Misr bo‘ylab qattiq faryod ko‘tariladi. Bunaqa voqea ilgari bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi. Isroil xalqidan esa birorta odamga, yoki birorta hayvonga hatto it hurib qo‘ymaydi. O‘shanda Men, Egangiz, Isroil xalqini Misr xalqidan ayirganimni bilib olasizlar.” O‘shanda a’yonlaring hammasi kelib, menga ikki bukilib ta’zim qiladi. Menga: “Sen ham, senga ergashgan xalqing ham ketinglar”, deb yolvorasizlar. Men o‘shandan keyin ketaman. Muso g‘azab bilan fir’avnning huzuridan chiqib ketdi. Egamiz Musoga shunday degan edi: “Misrda Mening ajoyibotlarim ko‘payishi uchun, fir’avn sizlarning gapingizga quloq solmaydi.” Muso bilan Horun fir’avnning oldida hamma ajoyibotlarni ko‘rsatib bo‘ldilar. Lekin Egamiz fir’avnning yuragini tosh qilib qo‘ydi. Fir’avn o‘z yurtidan Isroil xalqining ketishiga ijozat bermadi. Muso bilan Horun Misrda yashar ekanlar, Egamiz ularga quyidagi ko‘rsatmalarni berdi: “Bu oy sizlar uchun ilk oy, yilning birinchi oyi bo‘ladi. Isroil xalqining butun jamoasiga yetkazinglar: shu oyning o‘ninchi kuni oila boshliqlari bitta qo‘zi yoki uloqcha tanlaydi. Buni xonadondagilar tanovul qiladi. Bitta jonliq bir oilaga ko‘plik qiladigan bo‘lsa, oila a’zolarining soni va bir odam tanovul qiladigan go‘sht miqdori hisoblab chiqiladi. So‘ngra o‘sha oila jonliq go‘shtini yonidagi qo‘shnisi bilan bo‘lishadi. Nuqsonsiz, bir yashar erkak jonliqni tanlab olinglar. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni kechqurungacha qo‘zilarni alohida saqlanglar. So‘ngra Isroil xalqi jamoasining har bir xonadoni o‘zining qo‘zisini so‘yishi lozim. So‘ng ular qurbonlikning qonidan olib, qurbonlik go‘shti tanovul qilinadigan uy eshigi kesakisining yonlariga va tepasiga surtishsin. O‘sha kuni kechqurun go‘shtni olovda pishirib tanovul qilishsin. Go‘shtni xamirturushsiz non va taxir o‘tlar qo‘shib tanovul qilishsin. Qurbonlik go‘shtining suvda qaynatilganini yoki xomini tanovul qilishmasin. Kalla–tuyoqlariyu ichak–chovoqlarini olovda pishirib yeyishsin. Go‘shtdan ertalabgacha qolmasin. Agar ortib qolsa, ertalabga qoldirmay olovda kuydiringlar. Go‘shtni tanovul qilayotganingizda, shay turinglar. Chorig‘ingiz oyog‘ingizda, tayog‘ingiz qo‘lingizda bo‘lsin, tez–tez yenglar. Men, Egangizga, bag‘ishlangan Fisih qurbonligi shudir. O‘sha tunda Men Misrning bu boshidan narigi chetigacha o‘tib, insonlarning har bir to‘ng‘ich o‘g‘illarini ham, chorvaning birinchi erkak bolasini ham o‘ldiraman. Men, Egangiz, Misrning hamma xudolariga qarshi hukmni ijro etaman. Eshiklaringizning romiga surtilgan qon yashayotgan uylaringizni belgilaydi. Qonni ko‘rib, sizlarni chetlab o‘taman. Men Misrni jazolaganimda, o‘lat ofatidan sizlar omon qolasizlar. Bu kunni sizlar to abad esda tutishlaringiz lozim. Har yili bu kunni Men, Egangizga, atalgan bayram qilib nishonlanglar. Bu bayram avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lib qolsin. O‘sha yetti kun davomida xamirturushsiz non tanovul qilinglar. Birinchi kuniyoq uylaringizdagi xamirturushni yo‘qotinglar. Kimki yetti kun davomida xamirturush qo‘shilgan non tanovul qilsa, u Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinadi. Bayramning birinchi kuni ham, yettinchi kuni ham butun xalq muqaddas yig‘inga kelishi lozim. Shu kunlari, ovqat tayyorlashdan tashqari, hech qanday ish qilmanglar. Xamirturushsiz non bayramini har yili nishonlaysizlar, chunki aynan o‘sha kuni Men sizlarning oilalaringizni va qabilalaringizni Misrdan olib chiqqanman. Bu bayram avlodlaringiz osha nishonlanib, doimiy qonun–qoida bo‘lib qolsin. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni kechqurundan boshlab shu oyning yigirma birinchi kuni kechqurungacha xamirturushsiz non tanovul qilinglar. Uylaringizda o‘sha yetti kun davomida aslo xamirturush bo‘lmasin. Kimki xamirturush qo‘shilgan non tanovul qilsa, u asli Isroil naslidanmi, musofirmi, baribir, Isroil xalqining jamoasidan yo‘q qilinadi. Xamirturush qo‘shilgan nonni hech tanovul qilmanglar. Qayerda yashasangizlar ham, xamirturushsiz non tanovul qilinglar.” Shundan keyin Muso Isroilning hamma oqsoqollarini chaqirtirib, ularga shunday dedi: — Har bir xonadonga shunday deb aytinglar: “Oilangiz uchun bittadan qo‘zi yoki uloqcha tanlab olib, Fisih ziyofatiga qurbonlik qilinglar. Keyin issop o‘tidan bir tutam olib, qurbonlikdan yig‘ilgan qon idishiga botiringlar. Qonni uylaringiz eshigi kesakisining yonlariga va tepasiga surtinglar. Tonggacha birortangiz uyingizdan chiqmanglar. Chunki Egamiz Misr yurti bo‘ylab o‘tib, Misrliklarning to‘ng‘ich o‘g‘illarini uradi. U eshiklaringizning kesakisidagi qonni ko‘rib, uylaringizni chetlab o‘tib ketadi. Azroil uylaringizga kirib, sizlarning to‘ng‘ich o‘g‘illaringizni nobud qilishiga Egamiz yo‘l qo‘ymaydi. O‘zlaringiz ham, avlodlaringiz ham bu rasm–rusumlarga to abad rioya qilishlaringiz lozim. Egamiz sizlarga beraman, deb va’da qilgan yurtga kirganlaringizdan keyin ham, bu udumni nishonlayveringlar. Bolalaringiz sizlardan: — Bu udumning ma’nosi nima? — deb so‘raganlarida, shunday javob beringlar: — Bu Egamizga bag‘ishlangan Fisih qurbonligidir. Egamiz Misrliklarning to‘ng‘ich o‘g‘illarini halok qilganda, Misrdagi Isroil xalqining uylarini chetlab o‘tib ketdi. Shunday qilib, bizning xonadonlarimizni omon saqlab qoldi.” Shunda Isroil oqsoqollari egilib, sajda qildi. So‘ngra ular borib, Muso bilan Horunga Egamiz bergan amr bo‘yicha ish tutdilar. Egamiz yarim kechasi Misrliklarning jamiki to‘ng‘ichlarini — taxtda o‘tirgan fir’avnning to‘ng‘ich o‘g‘lidan tortib zindonda yotgan asirning to‘ng‘ich o‘g‘ligacha o‘ldirdi. Hamma chorvaning birinchi erkak bolasini ham nobud qildi. O‘sha kecha fir’avn, uning hamma a’yonlari va butun Misr xalqi uyg‘onib ketdi. Butun Misrni qattiq dod–faryod tutdi. Odam nobud bo‘lmagan birorta xonadon yo‘q edi. O‘sha tundayoq fir’avn Muso bilan Horunni chaqirtirib aytdi: — O‘zlaringiz ham, Isroil xalqingiz ham yo‘qolinglar! Mening yurtimdan chiqib ketinglar! O‘zlaringiz aytganingizday, borib Egangizga sajda qilaveringlar. Mol–qo‘ylaringizni ham olib ketinglar. Ammo ketayotganingizda, meni duo qilinglar. “Isroil xalqi yurtimizdan tezroq chiqib ketsin, agar chiqib ketmasa, hammamiz o‘lib ketamiz”, deb Misrliklar ularni qistovga oldilar. Shunday qilib, Isroil xalqi kiyim–kechaklariga o‘ralgan xamirturush qo‘shilmagan xamir to‘la tog‘oralarini olib, yelkalariga ortishdi. Isroil xalqi Musoning aytganini qilib, Misrliklardan oltin va kumush taqinchoqlar, kiyim–kechaklar so‘rab olishdi. Egamiz Misrliklarni shunday qildiki, ular Isroil xalqiga iltifot ko‘rsatdilar. Isroil xalqi nima so‘rasa, ular berdilar. Shu yo‘l bilan Isroil xalqi, g‘olib lashkarday, Misrliklarning boyliklarini olib ketdi. Isroil xalqi Ramzesdan Suxo‘tga qarab yayov yo‘lga chiqdi. Ular 600.000 tacha erkak bo‘lib, ayollar va bolalar bu hisobga kirmasdi. Son–sanoqsiz begona xalqlar, ko‘plab mol–qo‘ylar ham ular bilan birga ketdi. Isroil xalqi Misrdan olib chiqqan xamirturushsiz xamirdan patir non yopdilar. Ular Misrdan shunchalik tez chiqib ketdilarki, yo‘lga yegulik tayyorlagani vaqt topolmagandilar. Isroil xalqi Misrda 430 yil yashadi. 430 yilning oxirgi kuni Egamiz xalqining hamma oilalari va qabilalari Misrdan ketdi. “Bu kun O‘z xalqimni Misrdan olib chiqaman”, deb Egamiz o‘sha tunni ajratib qo‘ygan edi. Isroil xalqi ham avlodlar osha o‘sha tunni ajratib, Egamizga atashlari lozim. Keyin Egamiz Muso bilan Horunga aytdi: “Sizlar rioya qilishingiz lozim bo‘lgan Fisih ziyofatining qonun–qoidalari quyidagichadir: Isroil xalqiga qondosh bo‘lmagan odam Fisih taomidan tanovul qilmaydi. Lekin sotib olgan qullaringiz sunnat qilingandan keyin Fisih taomidan tanovul qilsa bo‘ladi. Musofirlar va mardikorlar ham bu taomdan tanovul qilishmaydi. Taomlar qaysi uyda tayyorlangan bo‘lsa, hammasi o‘sha uyda tanovul qilinishi lozim. Tashqariga taom olib chiqilmaydi. Fisih ziyofatiga atab qurbonlik qilingan birorta ham hayvonning suyagi sindirilmaydi. Isroil xalqining butun jamoasi Fisih ziyofatini nishonlaydi. Yonlaringizdagi biror musofir Men, Egangizga, bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi bo‘lsa, oldin uning xonadonidagi hamma erkaklar sunnat qilinishi lozim. Shundan keyingina Isroil xalqiga qondosh bo‘lgan odamlardan biriday, Isroil jamoasiga qo‘shilib, Fisih ziyofatini nishonlaydi. Sunnat qilinmaganlarning hech qaysisi Fisih taomidan tanovul qilishi mumkin emas. Shu yerning tub aholisi uchun ham, oralaringizda yashayotgan musofir uchun ham qonun o‘shadir.” Egamizning Muso va Horun orqali bergan qonun–qoidalarini Isroil xalqi bajardilar. Shunday qilib, o‘sha kuniyoq Egamiz Isroil oilalarini va qabilalarini Misrdan olib chiqdi. Egamiz Musoga yana gapirdi: — Hamma to‘ng‘ichlarni Menga bag‘ishlanglar. Isroil xalqining hamma to‘ng‘ich o‘g‘illari va hayvonlarining birinchi erkak bolasi Menikidir. Shundan so‘ng Muso xalqqa shunday dedi: “Sizlar qul bo‘lgan yurt Misrdan chiqqan bugungi kuningizni eslaringizdan chiqarmanglar. Egamiz qudrati bilan sizlarni u yerdan olib chiqdi. Shuning uchun sizlar xamirturush qo‘shilgan nonni yemanglar. Bugun Abib oyida sizlar bu yurtdan chiqib ketyapsizlar. Egamiz sizlarni Kan’on, Xet, Amor, Xiv va Yobus xalqlarining yerlariga olib boradi. Egamiz bu yerlarni ota–bobolaringizga, beraman, deb ont ichgan. Egamiz sizlarni sut va asal oqib yotgan o‘sha yurtga olib borgandan keyin, Abib oyida quyidagicha udumni o‘tkazinglar: yetti kun xamirturushsiz non yenglar. Yettinchi kuni Egamizga atab bayram qilinglar. Shu paytlarda uyingizda yoki yurtingizning biron joyida xamirturushli non yoki xamirturush bo‘lmasin. Har yili bayram kunlari davomida nima uchun bayramni nishonlayotganingizni bolalaringizga tushuntirishingiz lozim. Ularga: — Biz Misrdan chiqayotganimizda, Egamiz bizga qilganlari sababidan bu bayramni nishonlayapmiz, — deb ayting. Bu bayram qo‘lingizda bir alomat, peshanangizda bir xotiraga o‘xshagan bo‘ladi. Egamiz sizlarni Misrdan O‘z qudrati bilan olib chiqqanini bu bayram eslatib turadi. Egamizning ta’limotini bolalaringizga o‘rgatishingiz uchun bayramni nishonlanglar. Sizlar belgilangan vaqtda yillar osha ushbu qonun–qoidaga rioya qilib boringlar. Egamiz o‘zlaringizga va ota–bobolaringizga ont ichib va’da bergan Kan’on xalqlarining yurtiga sizlarni olib keladi. O‘sha yurtni sizlarga beradi. Shundan keyin to‘ng‘ich o‘g‘illaringizni, hamma chorvangizning birinchi erkak bolasini Unga beringlar. Bularning hammasi Egamiznikidir. Birinchi tug‘ilgan erkak eshak ham Egamizdan bir qo‘zi yoki uloqchani atash evaziga sotib olinadi. Agar eshakni qaytarib sotib olmaslikka qaror qilsangiz, eshakning bo‘ynini sindirib o‘ldirishingiz kerak. Sizlar Egamizdan hamma to‘ng‘ich o‘g‘illarni ham qaytarib sotib olishingiz lozim. Kelajakda farzandlaringiz sizdan: — Bu udumning ma’nosi nima? — deb so‘rashganda shunday javob beringlar: — Egamiz bizni Misrdagi qullikdan qudratli qo‘li bilan olib chiqqan. Fir’avn o‘jarlik qilib, ketishimiz uchun bizga ijozat bermaganda, Egamiz Misr yurtidagi hamma to‘ng‘ichlarni — odamlarning to‘ng‘ichidan tortib, hayvonlarning birinchi erkak bolasigacha o‘ldirgan. Mana shuning uchun ham hayvonlarning birinchi erkak bolasini Egamizga qurbonlik qilamiz. To‘ng‘ich o‘g‘illarimizni esa qaytarib sotib olamiz. Bu yillik bayram qo‘lingizdagi yoki peshanangizdagi bir belgiday bo‘lib qoladi. Egamiz bizni qudratli qo‘li bilan Misrdan olib chiqqanini shu bayram sizlarga eslatib turadi.” Fir’avn Isroil xalqiga ijozat bergandan keyin, Filist xalqining yurti orqali o‘tadigan yo‘l Kan’onga to‘ppa–to‘g‘ri bo‘lsa ham, Xudo xalqni bu yerdan boshlab ketmadi. “Xalq urushga duch kelib qolsa, Misrga qaytib ketishga qaror qilib qolishi mumkin”, deb o‘yladi Xudo. Xudo xalqni Qizil dengizga sahro bo‘ylab aylanma yo‘l orqali olib ketdi. Isroil xalqi Misrdan guruhlarga bo‘lingan holda chiqdi. Muso Yusufning suyaklarini o‘zi bilan oldi. Yusuf Isroil urug‘lariga qasam ichdirib: “Xudo sizlarning oldingizga kelganda, sizlar mening suyaklarimni bu yerdan olib ketinglar”, degan edi. Isroil xalqi Suxo‘tdan chiqqandan keyin, sahro etagidagi Etxamda qarorgoh qurdi. Egamiz kunduzi ustun shaklidagi bulut ichida, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida ularning oldida yurib, yo‘llarini yoritib yo‘l ko‘rsatib bordi. Shu tariqa U Isroil xalqini hamma vaqt — kunduzi ham, kechasi ham boshlab bora oldi. Kunduzi bulut ustuni, kechasi alanga ustuni xalqning oldidan bir dam nari ketmadi. Egamiz Etxamda Musoga shunday dedi: — Isroil xalqiga: “Migdol bilan dengiz o‘rtasidagi Piy–Xaxiro‘t yaqiniga qaytib boringlar”, deb ayt. U yerda Baal –Zafo‘n qarshisidagi Qizil dengiz sohili bo‘ylab chodir tikishsin. O‘shanda fir’avn: “Isroil xalqi yurtda adashib qolibdi, sahro ularning ketishiga xalaqit beryapti”, deb o‘ylaydi. Fir’avn sizlarni ta’qib qilsin, deb Men uning yuragini tosh qilib qo‘yaman. Fir’avn va uning lashkari ustidan g‘alaba qilaman. Shu orqali shuhratga erishaman. Ana o‘shanda Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi. Isroil xalqi Egamiz aytganday qildi. Fir’avnga: “Isroil xalqi qochib ketibdi”, deb xabar yetkazishdi. Fir’avn va a’yonlarining Isroil xalqi to‘g‘risidagi niyatlari o‘zgardi: “Nima qilib qo‘ydik–a? Isroil xalqiga ketishga ijozat berib, qullarimizdan ayrilib qolibmiz–ku!” deyishdi. Fir’avn jang aravalarini tayyorlatdi, lashkarlarini yoniga oldi. U Misrdagi hamma jang aravasini, shu bilan birga, olti yuzta sara jang aravasini ham yo‘lga otlantirdi. Har bir jang aravasining lashkarboshisi bor edi. Egamiz Misr fir’avnining yuragini tosh qilib qo‘ydi. Fir’avn Isroil xalqining ortidan quvdi. Isroil xalqi shaxdam qadam bilan Misrdan chiqib ketayotgan edi. Misrliklar — fir’avnning hamma otlari, aravakashlar va jang aravalari, lashkarlari bilan Isroil xalqining ortidan tushdi. Dengiz qirg‘og‘ida Baal–Zafo‘n qarshisida — Piy–Xaxiro‘t yaqinida Isroil xalqiga yetib oldilar. Isroil xalqi bu yerda qarorgoh qurgan edi. Fir’avn tobora yaqinlashib kelardi. Isroil xalqi orqalariga qarab Misrliklar quvib kelayotganini ko‘rdilar–u, sarosimaga tushib qoldilar. Ular Egamizga iltijo qilib, madad so‘radilar. Keyin Musoga aytdilar: — Bizni sahroga o‘ldirgani olib kelgan ekansan–da. Misrda biz uchun qabriston yetarli emasmidi?! Bizni Misrdan olib chiqib, nima qilib qo‘yding–a?! Misrda ekanligimizda shunga o‘xshash yomon hodisalar yuz berishini aytmaganmidik?! Biz: “Misrliklarga qul bo‘lib xizmat qilib yuraveraylik, sahroda o‘lib ketganimizdan ko‘ra, ularga xizmat qilganimiz yaxshi”, deb aytgan edik–ku! Ammo Muso: — Qo‘rqmanglar! — dedi. — Joyingizda to‘xtab, qarab turinglar. Hozir ko‘rasizlar, Egamiz sizlarni qanday qilib qutqarar ekan. Hozir qarshingizda turgan Misrliklarni qaytib ko‘rmaysizlar. Xotirjam bo‘linglar, Egamiz sizlar uchun jang qiladi. Shu payt Egamiz Musoga gapirdi: — Nimaga menga iltijo qilib, madad so‘rayapsan? Isroil xalqiga ayt, oldinga qarab ketaversin. Tayog‘ingni ko‘tarib, qo‘lingni dengiz ustiga uzat, suvni ikki tomonga ayir. Shunda Isroil xalqi quruq yer ustida yurib, dengizdan o‘tadi. [17-18] Misrliklar sizlarning ortingizdan dengizga borsin, deb Men ularning yuragini tosh qilib qo‘yaman. Fir’avn, uning lashkarlari, aravakashlari va jang aravalari ustidan g‘alaba qilib shuhratga erishaman. Men ularni yer bilan yakson qilganimda Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi. *** Isroil xalqi oldida borayotgan Xudoning farishtasi joyini o‘zgartirib, ularning orqasiga o‘tdi. Isroil xalqining oldidagi bulut ustuni ham joyini o‘zgartirdi. Bulut ustuni orqaga o‘tib, Misr lashkari bilan Isroil xalqi o‘rtasida turib qoldi. Bulut ustuni Misrliklar turgan tomonni zimiston va bulutli, Isroil xalqi turgan tomonni esa yop–yorug‘ qilib turdi. Shuning uchun Misr lashkari tun bo‘yi Isroil xalqiga yaqin kela olmadi. Muso qo‘lini dengiz tomonga uzatdi. Shundan keyin tun bo‘yi Egamiz sharqdan kuchli shamol estirib, dengizni ikki tomonga ayirdi, dengizni quruq yerga aylantirdi. Suv ikki tomonga surildi. Shundan keyin Isroil xalqi dengizdagi quruq yerdan yurib o‘ta boshladi. Suv Isroil xalqining o‘ng tomonida ham, chap tomonida ham devor bo‘lib turardi. Misrliklar Isroil xalqining ortidan quvdi. Fir’avnning hamma otlari, aravakashlari va jang aravalari dengizning o‘rtasiga tushdi. Tong payti Egamiz alanga va bulut ustunidan Misr lashkariga qarab, ularni sarosimaga soldi. Jang aravalarining g‘ildiraklari botib qoldi. Natijada Misrliklar aravalarini zo‘rg‘a tortib ketdilar. Shunda Misrliklar: “Bu yerdan qochib qolaylik! Isroil xalqi uchun ularning Egasi jang qilyapti! U bizga qarshi!” — deb shovqin soldilar. Keyin Egamiz Musoga: — Qo‘lingni dengizga uzat! — deb amr berdi. — Suv Misrliklarning, ularning aravakashlari va jang aravalari ustiga qaytsin! Muso qo‘lini dengizga uzatdi. Tong payti dengiz suvi asl holiga qaytdi. Misrliklar suvdan qutulmoqchi bo‘lib qochayotgan edi, Egamiz ularni dengizning o‘rtasiga silkib otdi. Suv asl holiga qaytdi. Fir’avnning aravakashlarini va jang aravalarini, Isroil xalqini ortidan quvib, dengiz o‘rtasiga tushgan hamma Misr lashkarini g‘arq qildi. Ulardan birortasi ham tirik qolmadi. Isroil xalqi esa dengiz o‘rtasida quruq yerdan yurib o‘tdi. Suv o‘ng tomonda ham, chap tomonda ham Isroil xalqiga devor bo‘lib turardi. Shunday qilib, Egamiz o‘sha kuni Isroil xalqini Misrliklarning qo‘lidan qutqardi. Isroil xalqi dengiz qirg‘og‘ida Misrliklarning jasadlarini ko‘rdi. Egamiz buyuk qudrati bilan Misrliklarni mag‘lub qilganini Isroil xalqi ko‘rgach, Undan qo‘rqadigan bo‘ldilar. Ular Egamizga va Uning quli Musoga ishondilar. Shundan keyin Muso va Isroil xalqi Egamizga quyidagi qo‘shiqni kuyladi: “ Egamizni madh etib kuylayman. U buyuk g‘alaba keltirdi. Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi. Egamiz mening kuch–qudratimdir. U mening qutqaruvchimdir. U mening Xudoyimdir, men Uni olqishlayman, Otamning Xudosidir, men Uni ulug‘layman. Ha, U jangchidir, U Egamizdir. Fir’avnning lashkarini, jang aravalarini Egamiz dengizga uloqtirdi. Uning sara lashkarboshilarini Qizil dengizga cho‘ktirdi. Dengiz qa’ri ularni ko‘mdi. Ular tosh singari, tubsizlikka tushib ketdilar. Ey, Egamiz, Sening o‘ng qo‘ling qudrati bilan qo‘rqinchlidir. Ey, Egamiz, Sening o‘ng qo‘ling dushmanni rosa ezdi. Sen buyuk g‘alabang bilan dushmanlaringni yiqitding. Sen ularga g‘azabingni sochgan eding, G‘azabing ularni xas–cho‘p singari yondirib tashladi. Qahrli nafasingdan suv bir joyga yig‘ilib, Devor kabi tik turib qoldi, Dengizning qa’ri qattiq yer bo‘lib qoldi. Shunda dushman gerdayib aytdi: “Orqalaridan tushaman, quvib yetaman. O‘ljani baham ko‘raman. Bulardan ko‘nglim qoniqadi. Qilichimni yalang‘ochlab, ularni yana qul qilaman.” Qahrli nafasingdan dengiz ularni ko‘mib yubordi. Ular bahaybat suvda qo‘rg‘oshinday g‘arq bo‘ldilar. Xudolar orasida Senga o‘xshagani bormi, ey, Egamiz?! Kim Senga o‘xshar?! Muqaddasliging bilan ulug‘vorsan Sen, Qo‘rqinchli ishlaring bilan hamdu sanoga ilhomlantirursen, Sen ajoyibotlar ko‘rsatursen. Sen o‘ng qo‘lingni uzatgan eding, G‘animlarni yer yutdi. O‘zing qutqargan o‘sha xalqni Sen sodiq sevging bilan olib borasan. Muqaddas makoningga qudrating bilan ularni yetaklab borasan. Xalqlar eshitib buni, titrashadi: Filist xalqi vahimaga tushib qoladi. Edom urug‘boshilari qo‘rquvga tushadi–ku, Mo‘ab beklarini titroq bosadi–ku! Kan’ondagi xalqlar umidsizlikka tushadi–ku! Ularni qo‘rquv va dahshat qamrab olar. Ey, Egamiz, Sening xalqing o‘tib ketguncha, O‘zing ega bo‘lgan bu xalq o‘tib ketguncha, Ular bilaging kuchi oldida toshday qotib qoladi. Xalqingni O‘z tog‘ingga olib kelasan, Ularni joylashtirasan uying uchun tanlagan yerga, ey, Egamiz! Qo‘llaring o‘rnatgan muqaddas maskaningga Olib kirib joylashtirasan, ey, Rabbiy! Egamiz abadulabad shoh bo‘lib hukmronlik qiladi.” Fir’avnning otlari, aravakashlari va jang aravalari dengiz o‘rtasiga tushdi. Shunda Egamiz ularning ustiga dengiz suvlarini qaytarib olib keldi. Isroil xalqi esa dengiz o‘rtasidagi quruq yerdan o‘tib ketdi. Shu bois Muso va xalq qo‘shiq kuyladi. Horunning singlisi payg‘ambar Maryam childirmani qo‘liga oldi. Hamma ayollar unga ergashib, childirmalarini qo‘llariga olib, o‘ynadilar. Maryam quyidagi naqoratni kuylab, ularga boshchilik qildi: “Egamizni madh etib kuylang. U buyuk g‘alaba keltirdi. Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.” Muso Isroil xalqini Qizil dengizdan boshlab chiqqandan keyin, ular Sur sahrosiga bordilar. Ular sahroda uch kun yursalar ham, suv topa olmadilar. Undan keyin Maroga bordilar. Ammo Maroning suvi taxir bo‘lgani uchun icholmadilar. Shuning uchun ham u yerga Maro, deb nom berilgan edi. Xalq esa: “Endi nima ichamiz?” deb Musoga ming‘irlab nolidi. Muso esa Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz Musoga bir cho‘pni ko‘rsatdi. Muso cho‘pni olib suvga tashlagan edi, suv ichishga yaroqli bo‘lib qoldi. Shunday qilib, o‘sha yerda Egamiz Isroil xalqini sinadi. Egamiz ularga yashash qonun–qoidasini berdi. U Isroil xalqiga shunday dedi: “Agar Men, Egangiz Xudoga, hushyor bo‘lib quloq solsangiz, Mening oldimda to‘g‘ri ishlar qilsangiz, amrlarimga itoat etsangiz, hamma qonunlarimga rioya qilsangiz, o‘shanda Men Misrliklarni duchor qilgan xastaliklarning birortasiga ham sizlarni duchor qilmayman. Sizlarga shifo beradigan Egangiz Menman.” Shundan so‘ng Isroil xalqi Ilimga keldi. U yerda o‘n ikkita buloq, yetmishta palma daraxti bor edi. Ular buloq bo‘yida qarorgoh qurdilar. Isroil xalqining butun jamoasi Ilimdan chiqib jo‘nadi. Ular Misrdan chiqqanlaridan keyin bir oy o‘tgach, Ilim bilan Sinay oralig‘idagi Sin sahrosiga yetib keldilar. Ular sahroda turar ekanlar, hammalari ming‘irlab Muso bilan Horundan nolishdi: “Qaniydi Egamiz bizni Misrda o‘ldirib qo‘ya qolganda edi! Biz Misrda go‘sht solingan qozon boshida o‘tirardik, to‘ygunimizcha non yerdik. Sizlar esa, butun jamoa ochlikdan o‘lib ketsin, deb bizni sahroga olib keldingiz.” Shunda Egamiz Musoga: — Nonni sizlarga osmondan yog‘diraman! — dedi. — Xalq har kuni chiqib, kunda kerak bo‘ladigan nonini yig‘ishtirib oladi. Shu yo‘l bilan bu xalqni sinayman. Ular Mening ko‘rsatmalarimga rioya qiladilarmi, yoki yo‘qmi, ko‘raman. Har haftaning oltinchi kuni esa kunda to‘plaganlariga qaraganda ikki hissa ko‘p non yig‘ishtirib olib, tayyorlab qo‘yadilar. [6-8] Muso bilan Horun jamiki Isroil xalqiga shunday deb aytdilar: — Sizlar ming‘irlab Egamizdan noligan edingiz, U eshitdi. Endi U kechqurun sizlarga go‘sht beradi. Ertaga ertalab mo‘l qilib non beradi. Egamizning buyuk qudratini shunda ko‘rasizlar. Sizlarni Misrdan olib chiqqan Egamiz ekanini bilib olasizlar. Ammo biz kim bo‘libmizki, ming‘irlab bizdan noliysizlar?! Biz bor–yo‘g‘i Egamizning xabarchilarimiz, xolos. Bizdan noliganlaringizda, sizlar haqiqatan Egamizdan noligan bo‘lasizlar. *** *** Shundan so‘ng Muso Horunga: — Isroil xalqining butun jamoasiga ayt. Egamizning huzuriga kelsin, — dedi. — Egamiz ularning ming‘irlab noliganini eshitdi. Horun Isroil xalqining butun jamoasiga shu gaplarni aytib bo‘lishi bilanoq, xalq sahroga qaradi. Shu payt Egamiz ulug‘vorligini bulut ichida zohir qildi. Keyin Egamiz Musoga gapirdi: — Men Isroil xalqining ming‘irlab noliganini eshitdim. Ularga shu gaplarni yetkaz: “Oqshom go‘sht yeysizlar, ertalab esa to‘yguningizcha non yeysizlar. O‘shanda Egangiz Xudo Men ekanligimni bilib olasizlar.” Shu kuni oqshomda bedanalar uchib kelib, qarorgohni bosib ketdi. Ertasiga ertalab qarorgoh atrofiga shudring tushdi. Shudring ko‘tarilgach, yer yuzi laylak qor uchquniga o‘xshash, qirovsimon bir narsa bilan qoplandi. Isroil xalqi bu narsani ko‘rganda, nima ekanini bilolmasdan: “Bu nima?” deb bir–birlaridan so‘rayverdilar. — Tanovul qilishlaringiz uchun Egamiz sizlarga bergan non shudir, — dedi Muso Isroil xalqiga. — Egamiz shunday amr bergan: “Har bir xonadon o‘zi yeydigan nonni olsin. Xonadondagi har bir jon uchun bir omirdan yig‘ishtirib olsin.” Isroil xalqi Egamiz amr etganday qildi. Birov ko‘proq, birov ozroq yig‘ishtirib oldi. Har bir odam uchun omir bilan o‘lchaganlarida, ko‘p yig‘ishtirganlardan hech narsa ortib qolmadi, oz yig‘ishtirganlar uchun esa yetarli bo‘ldi. Har bir xonadon keraklisini oldi. Muso yana xalqqa: “Hech kim bu mannadan ertalabgacha qoldirmasin”, — dedi. Ammo ba’zilar Musoning gapiga quloq solmay, ertalabgacha qoldirgan edilar, qoldirgan mannaga qurt tushib, sasiy boshladi. Shunda Muso o‘sha odamlardan g‘azablandi. Mannani har bir xonadon har kuni ertalab ehtiyojiga yarashasini to‘plab olardi. Quyosh yerni qizdirgandan keyin esa, yerda qolgani erib ketardi. Oltinchi kuni esa mannani ikki hissa — jon boshi uchun ikki omirdan yig‘ib oldilar. Jamoa oqsoqollari bu to‘g‘rida Musoga xabar berganlarida, Muso ularga aytdi: — Ertaga Shabbat kuni bo‘lgani uchun oltinchi kuni ikki barobar yig‘ishtirib olgani Egamiz xalqqa amr bergan. Shabbat kuni hamma ishlardan tinib, Egamizga atab ajratilgan kundir. Shuning uchun yopadiganingizni bugun yopib olinglar, qaynatadiganingizni bugun qaynatib olinglar. Ortganini saqlab, ertagacha qoldiringlar. Shunday qilib, Muso buyurganday, ortganini ertasiga qoldirgan edilar, qolgani na sasidi, na qurtladi. — Bugungi mannangiz shudir, — dedi Muso. — Chunki bugun Egamizga atalgan Shabbat kunidir. Bugun yerda hech narsa bo‘lmaydi. Olti kun manna yig‘ishtirib olasizlar. Ammo yettinchi kun — Shabbat kuni aslo manna topib bo‘lmaydi. Yettinchi kuni ham ba’zilar manna yig‘ishtirgani tashqariga chiqdilar, lekin topolmadilar. Shunda Egamiz Musoga: — Qachongacha Mening amrlarimga va ko‘rsatmalarimga itoat etmay yurasizlar?! — dedi. — Men, Egangiz, yettinchi kunni — Shabbatni dam olish kuni qilib, sizlarga berganimni anglab yetmaysizlarmi?! Mana, sizlarga ikki kunga yetarli mannani oltinchi kuni beryapman. Yettinchi kuni har kim uyida bo‘lib, dam olishi lozim. Shunday qilib, xalq yettinchi kuni ishlamadi. Isroil xalqi bu yegulikka manna, deb nom qo‘ydilar. U kashnich urug‘i kabi, rangi oqish, mazasi asal qo‘shilgan chalpakka o‘xshardi. Muso Isroil xalqiga aytdi: — Egamiz shunday amr bergan: “Bir omir mannani kelgusi avlodlar uchun saqlab qo‘yinglar, toki Men sizlarni Misrdan olib chiqqanimdan keyin sahroda o‘zlaringizga yedirgan nonni ular ko‘rsinlar.” Shundan keyin Muso Horunga aytdi: — Bir idish olib, ichiga bir omir manna solgin–da, Egamizning huzuriga qo‘y, toki kelgusi avlodlarga saqlanib qolsin. Egamiz Musoga amr etganday, Horun, mannani saqlab qo‘yamiz, deb uni ahd sandig‘ining oldiga qo‘ydi. Isroil xalqi keyingi qirq yil davomida — Kan’on yurtiga yetib borib o‘rnashgunlaricha, manna tanovul qildilar. (Mannani o‘lchash uchun foydalanilgan idish omir, deb aytilgan. Bu idish taxminan to‘rt kosaning hajmiga to‘g‘ri kelgan.) Isroil xalqining butun jamoasi har doim Egamizning amriga rioya qilib, bir joydan boshqa joyga ko‘chib, Sin sahrosidan ketdi. Rafidimda qarorgoh qurgan edi, lekin u yerda Isroil xalqi uchun ichgani suv yo‘q ekan. Ular Musoga: “Bizga ichgani suv ber”, deb nolidilar. Shunda Muso: — Nimaga menga noliyapsizlar?! — dedi. — Nima uchun Egamizni sinayapsizlar?! Lekin xalq chanqagan edi. “Nimaga bizni Misrdan olib chiqding?! O‘zimizni, bolalarimizni, chorvamizni suvsizlikdan o‘ldirish uchun olib chikqan ekansan–da?!” deb Musoga ming‘irlab nolidi. — Bu xalqni nima qilay? — deb iltijo qildi Muso Egamizga. — Yana bir ozdan keyin ular meni toshbo‘ron qilishadi–ku! — Isroil oqsoqollaridan ba’zilarini yoningga olib, xalqning oldida bor! — deb amr berdi Egamiz Musoga. — Nil daryosiga urgan tayog‘ingni ham o‘zing bilan ol. Men sening oldingda — Sinay tog‘idagi qoyaning tepasida turaman. Sen tayoqni qoyaga ur, qoyadan suv otilib chiqadi. Keyin xalq ichadi. Muso Isroil oqsoqollarining ko‘zi oldida Egamiz aytganday qildi. Shunday qilib, Muso o‘sha joyga Massax va Mariva, deb nom berdi. Isroil xalqi u yerda Muso bilan janjal qilgan, “Egamiz biz uchun g‘amxo‘rlik qiladimi, yo‘qmi?” deb Uni sinagan edi. Omolek xalqi Rafidimga kelib, Isroil xalqiga urush ochdilar. Shunda Muso Yoshuaga: — Odamlardan tanlab olgin–da, borib, Omoleklarga qarshi urushga chiq! — dedi. — Ertaga men tepalikning ustida bo‘laman. Xudo, ol, deb tayinlagan tayoq qo‘limda bo‘ladi. Yoshua Muso buyurganday qilib Omoleklar bilan jang qilgani bordi. Muso, Horun va Xur tepalikning ustiga chiqishdi. Muso qo‘llarini ko‘targanda, Isroil xalqi g‘olib kelar, tushirganda esa Omoleklar g‘olib kelardi. Oxiri Musoning qo‘llari toliqdi. Shunda Horun bilan Xur Musoga tosh keltirib qo‘yib berdilar. Muso tosh ustiga o‘tirdi. Keyin Musoning qo‘llarini bir tomondan Horun, bir tomondan Xur yuqoriga ko‘tarib turdi. Quyosh botguncha, Musoning qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib turaverdilar. Shunday qilib, Yoshua Omoleklarni yengib, qilichdan o‘tkazdi. Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi: — Bu g‘alabani xotira qilib, yozib qo‘y, mening quyidagi va’damni ham kirit: “Men Omoleklarning nomini yer yuzidan o‘chiraman.” Keyin buni ovoz chiqarib Yoshuaga o‘qib ber. Muso bir qurbongoh qurdirib, bu qurbongohga: “Egam bayrog‘imdir”, deb nom berdi. “Omoleklar Egamizning taxtiga qarshi qo‘llarini ko‘tarishga jur’at qilganlari uchun, Egamiz doimo ularga qarshi urushda bo‘ladi”, dedi. Midiyon yurtining ruhoniysi Yatro Musoning qaynatasi edi. Xudo Musoga va O‘z xalqi Isroilga hamma qilganlarini, Egamiz Isroil xalqini Misrdan qanday qilib olib chiqqanini u eshitdi. Muso xotinini otasi yoniga jo‘natib yuborganda, Yatro Musoning xotini Zippura bilan ikkala o‘g‘lini yoniga olgan edi. Muso: “Men begona yurtda musofir bo‘lgan edim”, deb to‘ng‘ich o‘g‘liga Gershom, deb ism qo‘ygan edi. So‘ngra: “Ota–bobolarimning Xudosi menga madad berdi, meni fir’avnning qilichidan qutqardi ”, deb ikkinchi o‘g‘liga Eliazar, deb ism qo‘ygandi. Qaynatasi Musoning xotini va o‘g‘illarini Xudoning muqaddas tog‘i etagiga — sahroda Muso tikkan chodirga boshlab keldi. Yatro Musoga: “Men, qaynatang Yatro, xotining va ikkala o‘g‘ling bilan birga sening yoningga boryapmiz”, deb xabar berdi. Muso qaynatasini kutib olgani chiqdi va unga ta’zim qilib, o‘pdi. Ikkovlari bir–biridan hol–ahvol so‘rab, chodirga kirishdi. Egamiz Isroil xalqi uchun fir’avnni va Misr xalqini nimalar qilganini, Isroil xalqi yo‘lda chekkan azob–uqubatlarni, Egamiz ularni qanday qutqarganini Muso qaynatasiga aytib berdi. Egamiz Isroil xalqiga qilgan yaxshiliklari uchun, ularni Misrliklarning qo‘lidan qutqargani uchun Yatro sevinib, shunday dedi: — Sizlarni Misrliklarning va fir’avnning qo‘lidan qutqargan Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Isroil xalqini Misrliklarning zulmidan U qutqardi. Egamiz boshqa hamma xudolardan ulug‘ ekanini endi bilaman. Egamiz o‘z xalqini takabbur Misrliklarning qo‘lidan xalos qildi. Co‘ngra Musoning qaynatasi Yatro Xudoga kuydiriladigan qurbonlik va boshqa qurbonliklar keltirdi. Horun va barcha Isroil oqsoqollari Musoning qaynatasi bilan Egamizning huzurida muqaddas taom yegani kelishdi. Ertasi kuni Muso hukm kursisiga o‘tirib, xalqning janjallarini ajrim qila boshladi. Xalq Musoning atrofida ertalabdan kechgacha tik turdi. Qaynatasi Musoning xalq uchun qilayotgan hamma ishlarini ko‘rgach, aytdi: — Nimaga shuncha ishni bir o‘zing qilyapsan? Odamlar sendan yordam so‘rash uchun kun bo‘yi tik turishdi. Shunda Muso qaynatasiga aytdi: — Xalq Xudoning hukmini bilish uchun mening oldimga kelishadi. Qachon bir janjalli ish bo‘lsa ham mening oldimga kelishadi. Men esa ikkala tomon o‘rtasida qaror chiqarib, Xudoning qonun–qoidalarini ularga aytaman. — Bu yo‘l yaxshi emas, — dedi qaynatasi Musoga. — Ham o‘zingni, ham yoningdagi xalqni qiynayapsan. Bu ish juda og‘ir yuk, bir o‘zing bajara olmaysan. Gapimga quloq sol, senga bir maslahat berayin. Xudo senga yor bo‘lsin. Xudoning huzurida xalq uchun sen vositachi bo‘lishing kerak. Xalqning bahs–munozaralarini Xudoga sen yetkazishing lozim. Xudoning qarorini xalqqa sen ayt, Xudoning qonun–qoidalarini o‘rgat, ular qanday qilib to‘g‘ri hayot kechirishlari kerakligini ko‘rsat. Ammo bularga qo‘shimcha qilib, sen Xudodan qo‘rqqan, diyonatli, tamadan nafratlanadigan, layoqatli odamlarni tanlab ol. Ularni xalq tepasiga mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi qilib tayinla. Bu odamlar hamma haq masalalar ustidan qaror qilib, xalqqa xizmat qilishsin. Juda muhim yoki juda qiyin masalalarni esa senga olib kelishlari mumkin. Kichikroq ishlarni o‘zlari ko‘rib chiqaversin. Ular sen uchun ishni osonroq qilib, og‘irlikni ko‘tarishda senga yordam beradilar. Agar Xudo shu maslahatlarimni yuragingga solsa, sen tazyiqlarga bardosh bera olasan. Hamma tinchgina o‘z joyiga ketadi. Muso qaynatasining gapiga quloq soldi. U nima aytgan bo‘lsa, hammasini qildi. Isroil xalqi orasidan layoqatli odamlarni tanlab oldi. O‘sha odamlarni mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi qilib tayinladi. Ular hamma masalalarni adolatli hal qilardilar. Qiyin masalalarni Musoga olib kelishar, kichikroq ishlarni esa o‘zlari qarab chiqishardi. Shundan keyin Muso qaynatasiga ijozat berdi. Yatro o‘z yurtiga qaytib ketdi. [1-2] Isroil xalqi Rafidimdan ketdi. Misrdan chiqqandan keyin uchinchi oyning birinchi kuni ular Sinay sahrosiga yetib keldilar. Ular Sinay tog‘i etagida qarorgoh qurdilar. *** Muso toqqa — Xudoning huzuriga chiqdi. Egamiz tog‘dan uni chaqirib, shunday dedi: — Yoqub nasliga — Isroil xalqiga shunday deb ayt: “Men, Egangiz, Misrliklarni nima qilganimni ko‘rgansizlar. Burgut o‘z bolalarini qanotlari ustida ko‘tarib keltirganday, Men sizlarni ko‘tarib, huzurimga olib kelganimni ham ko‘rgansizlar. Endi Mening amrlarimga chin dildan itoat etsangiz, ahdimga rioya qilsangiz, sizlar Mening xalqim, boshqa xalqlar orasida xazinam bo‘lasizlar. Butun yer Menikidir, ammo sizlar Men, Egangizga, xizmat qiladigan ruhoniylar shohligi, muqaddas bir xalq bo‘lasizlar.” Isroil xalqiga sen yetkazadigan xabar shudir. Muso kelib, xalq oqsoqollarini chaqirdi. Egamiz unga, ayt, deb amr etgan hamma gaplarni aytdi. Jamiki xalq bir ovozdan: “Egamizning hamma aytganlarini bajaramiz”, deb javob berdi. Muso xalqning javobini Egamizga qaytarib olib keldi. Egamiz Musoga: — Men sening oldingga qalin bulut ichida kelaman, — dedi, — toki Men senga gapirayotganimni xalq eshitsin. Shunda xalq senga har doim ishonadi. Muso xalqning gapini Egamizga aytganda, Egamiz dedi: — Bor, bugun va ertaga xalq poklansin, kiyimlarini yuvsin. Shunday qilib, ertadan keyingi kunga tayyor bo‘lishsin. O‘sha kuni Men, Egangiz, Sinay tog‘iga tushaman. Jamiki xalq Meni o‘sha yerda ko‘radi. Tog‘ atrofiga chegara qilib qo‘y, toki xalq chegarani bosib o‘tmasin. Xalqqa ayt: “Toqqa chiqmanglar, tog‘ning yaqiniga ham bora ko‘rmanglar. Agar birortasi toqqa qadam qo‘ysa, o‘shaning jazosi o‘limdir. O‘sha odamga qo‘l tekkizilmasdan, toshbo‘ron qilib yoki o‘q otib o‘ldiriladi. Hayvon bo‘ladimi yoki inson bo‘ladimi, o‘limga hukm qilinadi.” Burg‘u ovozi qattiq chalingandan keyin esa xalq toqqa chiqsa bo‘ladi. Shunday qilib, Muso tog‘dan xalqning yoniga tushdi, xalq poklandi, kiyimlarini yuvdi. Keyin u xalqqa: — Uchinchi kunga tayyor bo‘linglar, xotinlaringizga yaqinlashmanglar, — deb aytdi. Uchinchi kuni ertalab momaqaldiroq bo‘lib, chaqmoq chaqdi. Tog‘ning ustini qalin bulut qopladi. Burg‘u ovozi juda qattiq chalindi. Qarorgohdagi jamiki xalqni titroq bosdi. Muso xalqni Xudo bilan uchrashtirgani qarorgohdan olib chiqdi. Xalq tog‘ning etagida turdi. [18-20] Keyin Egamiz Sinay tog‘iga — tog‘ cho‘qqisiga tushdi. Egamiz Sinay tog‘iga alanga ichida tushib kelgani uchun, butun tog‘ tutayotgan edi. Tog‘ qattiq silkinganda, tandirdan tutun chiqqani singari, tog‘dan ham tutun chiqayotgan edi. Burg‘u ovozi qattiqroq chiqqani sari, Muso ham gapirardi. Xudo unga momaqaldiroq orasidan turib javob berardi. Egamiz Musoni tog‘ cho‘qqisiga chaqirdi. Muso u yerga chiqdi. *** *** Keyin Egamiz Musoga aytdi: — Pastga tush, xalqni ogohlantir, ular chegarani bosib o‘tishmasin. Ular Men, Egangizni, ko‘rgani kelmasliklari lozim, shunday qilganlar nobud bo‘ladi. Hatto doimo Mening yaqinimga keladigan ruhoniylar ham o‘zlarini poklashlari lozim. Aks holda, Men ularni qirib tashlayman. Shunda Muso Egamizga aytdi: — Xalq Sinay tog‘iga chiqmaydi. O‘zing: “Tog‘ atrofiga chegara qo‘y, bu tog‘ni muqaddas saqla”, deb meni ogohlantirgan eding. Egamiz unga: — Bor, pastga tush! — dedi. — O‘zing bilan birga Horunni olib kel. Ammo ruhoniylar yoki xalq, toqqa chiqamiz, deb chegarani oyoq osti qilishmasin. Aks holda, ularni Men oyoq osti qilaman. Shunday qilib, Muso xalqning yoniga tushdi. Egamizning aytganlarini ularga gapirib berdi. Keyin Xudo quyidagi so‘zlarni aytdi: “Men sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoman. Mendan boshqa xudolarga sajda qilmang. O‘zlaringizga hech qanday butni yasamang. Osmonda yo yerda yo yer ostidagi suvda mavjud bo‘lgan biror narsaning shaklini yasamang. O‘sha xudolar yoki butlarga sajda qilmang, xizmat qilmang. Men, Egangiz Xudo, sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham ko‘rmaydigan Xudoman. Mendan nafratlanadiganlarni jazolayman, ularning gunohlari oqibatlarini bolalariga, nabiralariga va chevaralariga olib kelaman. Lekin Meni sevib, amrlarimga rioya qiladiganlarning ming–ming avlodlariga sodiq sevgimni ko‘rsataman. Men, Egangiz Xudoning ismini suiiste’mol qilmang. Kim Mening ismimni suiiste’mol qilsa, o‘shani jazosiz qoldirmayman. Shabbat kunini muqaddas deb biling, bu kunga rioya qilib yuring. Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun esa Men, Egangiz Xudoga atalgan Shabbat kunidir. O‘sha kuni o‘zlaringiz, o‘g‘illaringiz yoki qizlaringiz, qullaringiz yoxud cho‘rilaringiz, hayvonlaringiz, shahringizdagi musofirlar hech qanday ish qilmang. Men, Egangiz, olti kun davomida osmonu yerni, dengizni va bulardagi hamma mavjudotni yaratdim. Yettinchi kuni esa dam oldim. Shuning uchun Men, Egangiz, Shabbat kunini muborak qilib, muqaddas, deb boshqa kunlardan ajratdim. Ota–onangizni hurmat qiling. O‘shanda Men, Egangiz Xudo, sizlarga berayotgan yurtda umringiz uzoq bo‘ladi. Qotillik qilmang. Zino qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Qo‘shningizga qarshi yolg‘on guvohlik bermang. Qo‘shningizning uyiga ko‘z olaytirmang. Qo‘shningizning xotini, quli yoki cho‘risi, moli yoxud eshagi, unga qarashli biror narsasiga ko‘z olaytirmang.” Butun xalq chaqmoqni va tog‘ning tutunini ko‘rdi, momaqaldiroq tovushini va burg‘uning baland ovozini eshitdi. Xalq qo‘rqqanidan titrab, uzoqroqqa borib turdi. Xalq Musoga aytdi: — Bizga o‘zingiz gapiring, biz eshitaylik. Xudo bizga gapirmasin, tag‘in o‘lib ketmaylik. — Qo‘rqmanglar! — dedi Muso xalqqa. — Xudo faqat sizlarni sinash uchun, Mendan qo‘rqib, endi gunoh qilmasin, deb kelgan. Ammo xalq uzoq masofada turaverdi. Muso Xudo turgan qalin bulutga yaqin bordi. So‘ngra Egamiz Musoga aytdi: — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Men sizlarga osmondan gapirganimga o‘zlaringiz guvoh bo‘ldingiz. Mening yonimga qo‘yish uchun hech qanday xudolar yasamanglar. O‘zlaringiz uchun kumush yoki oltindan xudolar yasamanglar. Men O‘zimni sizlarga eslatadigan hamma joyda qurbongoh quringlar. Men kelib, sizlarga marhamat qilaman. Tuproqdan oddiy qurbongoh yasab, qo‘ylaringizdan, echkilaringizdan, mollaringizdan Menga kuydiriladigan va tinchlik qurbonliklari keltiringlar. Agarda Menga atab toshdan qurbongoh yasasangiz, uni yo‘nilgan toshdan qilmanglar. Toshga teshani tekkizganlaringizda, tosh harom bo‘ladi. Menga atalgan qurbongohga zinapoya orqali chiqmanglar, aks holda, zinapoyadan chiqayotganingizda, ochiq joylaringiz ko‘rinib qoladi.” Egamiz yana Musoga aytdi: “Sen ularga yetkazadigan qonun–qoidalar mana shulardir: Ibroniy erkagini qul qilib sotib olsangiz, u sizlarga olti yil xizmat qilsin. Yettinchi yili esa u ozod bo‘lsin, qarzi yo‘q, deb hisoblansin. Uni sotib olganingizda, bo‘ydoq bo‘lsa, bo‘ydoqligicha chiqib ketsin. Agar u uylangan bo‘lsa, xotini ham u bilan birga ketsin. Agar xo‘jayini o‘sha qulni uylantirib qo‘ygan va xotini farzand ko‘rgan bo‘lsa, xotini va bolalari xo‘jayinnikida qolib, bir o‘zi chiqib ketsin. Lekin qul: — Men xo‘jayinimni, xotinimni va bolalarimni yaxshi ko‘raman, ozod bo‘lib chiqib ketmayman, — deb aytsa, xo‘jayini uni hakamlar huzuriga olib kelsin. Xo‘jayin uning qulog‘ini eshikka yoki eshik romiga qo‘yib bigiz bilan teshsin. O‘shanda bu odam umrining oxirigacha xo‘jayiniga qul bo‘lib qoladi. Biror odam o‘z qizini cho‘rilikka sotsa, u qiz, erkaklar singari, olti yil tugamaguncha ozod bo‘lmaydi. Agar qiz birortasiga sotilsa–yu, o‘sha odam unga uylanishni niyat qilgan bo‘lsa, ammo u qizni yoqtirmay qolsa, qiz otasiga qaytarib sotilsin. Xo‘jayin qizni begonalarga sotishi mumkin emas. Aks holda, kelishuvni bekor qilishga olib kelgan bo‘lardi. Xo‘jayin qizni sotib olganda, o‘rtada kelishuv bo‘lgan. Bordi–yu, qizni o‘g‘liga cho‘ri qilib sotib olib bergan bo‘lsa, unga qiziday muomala qilsin. Agar xo‘jayin cho‘riga uylanib, so‘ngra boshqa xotinga uylangan bo‘lsa, cho‘rini oziq–ovqat yoki kiyim–kechakdan, yo xotini sifatida u bilan yotishdan mahrum qilmasin. Agar o‘sha odam ana shu uchta yo‘lni cho‘riga qilmasa, cho‘ri qarz bo‘lmasdan, pul to‘lamay ketaversin. Birortasi boshqasini urib o‘ldirib qo‘ysa, urgan odamning jazosi o‘limdir. Lekin birortasi qasddan qilmay, Men, Xudoyingiz, shunga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam, u qochib boradigan joyni Men tayinlayman. Bordi–yu, birortasi birodarini hiyla bilan qasddan o‘ldirsa, jonini saqlash uchun Menga atalgan qurbongohga qochib borsa, uni qurbongohdan olib chiqib o‘limga hukm qilish lozim. O‘z otasi yoki onasiga qo‘l ko‘targanning jazosi o‘limdir. Kimki birortasini o‘g‘irlab, o‘g‘irlagan odamni sotib yuborsa, yoki hali ham ushlab turgan bo‘lsa, o‘shaning jazosi o‘limdir. Kimki otasini yoki onasini xo‘rlasa, o‘sha odamning jazosi o‘limdir. Ikki kishi janjallashib, biri ikkinchisini tosh yoki musht bilan ursa–yu, u o‘lmay, to‘shakka yotib qolsa, lekin u o‘rnidan turib, tayoq bilan uydan chiqa olsa, urgan odam javobgar bo‘lmasin. Faqat jarohatlangan odamga yo‘qotgan vaqti, davolanishi uchun pul to‘lasin. Birortasi o‘z qulini yoki cho‘risini tayoq bilan urib o‘ldirib qo‘ysa, urgan odam uning qo‘lidan o‘lsa, urgan odam jazolanishi lozim. Lekin xo‘jayin qul yoki cho‘rini ursa–yu, u bir–ikki kundan keyin o‘lsa, xo‘jayin jazolanmasin. O‘z mulkidan ayrilgani unga yetarli jazodir. Urishayotgan odamlar homilador ayolni turtib yuborsalar, ayol chala tug‘ib qo‘ysa–yu, boshqa ziyon yetmasa, ziyon yetkazgan odam o‘sha ayolning eri talab qilgan va hakamlar belgilagan miqdordagi zararni to‘lashi lozim. Agar boshqa zarar yetgan bo‘lsa, jon evaziga jon, ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish, qo‘l evaziga qo‘l, oyoq evaziga oyoq, kuyuk evaziga kuyuk, yara evaziga yara, lat yeyish evaziga lat yeyish bilan javob bersin. Kimki qul yoki cho‘risining ko‘ziga urib ko‘r qilib qo‘ysa, ko‘zi evaziga uni ozodlikka chiqarsin. Quli yoki cho‘risining tishini sindirsa ham, uni tishi evaziga ozodlikka chiqarsin. Agar erkak yoki ayolni buqa suzib o‘ldirsa, buqa toshbo‘ron qilib o‘ldirilsin. Go‘shti esa tanovul qilinmasin. Lekin buqaning egasi aybdor hisoblanmasin. Biroq buqa ilgari ham suzong‘ich bo‘lsa–yu, egasi buni bila turib, buqasini nazorat qilmagan bo‘lsa, buqa biror erkak yoki ayolni suzib o‘ldirsa, buqa toshbo‘ron qilib o‘ldirilsin. Buqaning egasiga jazo ham o‘limdir. Ammo buqa egasiga o‘z hayotini saqlab qolishi uchun pul to‘lagani ijozat berilsa, u talab qilingan mablag‘ni to‘lashi lozim. O‘g‘il bolani suzsa ham, qiz bolani suzsa ham, shu qonun amal qilsin. Agar buqa qul yoki cho‘rini suzsa, uning xo‘jayiniga buqa egasi o‘ttiz bo‘lak kumush to‘lasin. Buqa esa toshbo‘ron qilinsin. Birortasi chuqur kovlab, ustini yopib qo‘ymasa yoki yopilgan chuqurning ustini ochib qo‘ysa–yu, o‘sha chuqurga mol yoki eshak tushib ketsa, chuqurning egasi o‘lgan hayvonning egasiga tovon to‘lasin. Hayvonning jasadi esa chuqur egasiniki bo‘lsin. Agar birortasining buqasi boshqasining buqasini suzib o‘ldirib qo‘ysa, tirik buqani sotib, pulini teng bo‘lishsin. O‘lgan buqani ham teng bo‘lishsin. Ammo buqa ilgari ham suzong‘ich bo‘lsa–yu, egasi buni bila turib, buqasini nazorat qilmagan bo‘lsa, buqa evaziga buqa bilan tovon to‘lashi kerak. O‘lgan buqani esa o‘ziga olsin. Birortasi mol yoki qo‘yni o‘g‘irlab, so‘ysa yoki sotsa, o‘g‘ri molning evaziga beshta mol, qo‘yning evaziga to‘rtta qo‘y to‘lasin. [2-4] O‘g‘irlangan hayvonni o‘g‘ri qaytarishi kerak bo‘lsa–yu, lekin o‘g‘ri tovon to‘lay olmasa, u o‘g‘irlagan hayvon evaziga qul qilib sotilsin. O‘g‘irlangan hayvon tiriklayin o‘g‘rining qo‘lida topilsa, topilgan hayvon mol bo‘ladimi yo eshak yoki qo‘y bo‘ladimi, ikki baravar qilib tovon to‘lasin. Birortasi kechasi devor teshayotgan o‘g‘rini ko‘rib qolib, o‘g‘rini urib o‘ldirib qo‘ysa, o‘g‘rini o‘ldirgan odam aybdor emas. Agar o‘g‘irlik kunduzi sodir bo‘lsa, qon to‘kkan odam aybdor bo‘ladi. *** *** Agar birortasi birovning dalasiga yoki uzumzoriga chorvasini o‘tlatgani qo‘yib yuborsa, chorva ekinzorni yoki uzumzorni payhon qilsa, chorva egasi o‘zining dalasidan yoki uzumzoridan yaxshi hosilini dalaning egasiga qaytarib berishi lozim. Agar birortasi olov yoqsa, olov changalzor bo‘ylab birovning dalasiga o‘tib, o‘sayotgan donni yoki o‘rib, bog‘lab qo‘yilgan g‘allani yondirib yuborsa, olov yoqqan odam hamma zararni qoplashi lozim. Birortasi pulini yoki buyumini qo‘shnisiga saqlash uchun bersa, ammo shular qo‘shnisining uyidan o‘g‘irlanib, o‘g‘ri topilsa, o‘g‘ri ikki baravar qilib to‘lashi kerak. O‘g‘ri topilmasa, uy egasi hakamlar huzuriga kelib: — Qo‘shnimning mulkiga qo‘limni tekkizmaganman, — deb qasam ichsin. Kimdir yo‘qotib qo‘ygan biror buyumi, moli, eshagi, qo‘yi, kiyimi to‘g‘risida qo‘shnisi bilan janjallashib qolsa, bu meniki, deb da’vo qilsa, ikkovi ham, ajrim qilamiz, deb hakamlar huzuriga borsin. Hakamlar aybdor deb topgan odam buyum egasiga ikki baravar tovon to‘lashi kerak. Birortasi qo‘shnisiga eshagini yo molini yoki qo‘yini yoxud boshqa hayvonini qarab turgani bersa–yu, o‘sha hayvon o‘lib qolsa, yoki shikastlansa, yoki o‘g‘irlab olib ketilgan bo‘lsa, lekin guvoh bo‘lmasa, olgan odam hayvon egasiga shunday qasam ichsin: — Xudo haqi, sening mulkingga qo‘limni tekkizmaganman. Hayvon egasi qasamga ishonsin, qo‘shnisi tovon to‘lamasin. Ammo olgan odamnikidan o‘sha hayvon o‘g‘irlangan bo‘lsa, u hayvon egasiga tovon to‘lashi lozim. Agarda hayvonni biror yirtqich tilka–pora qilgan bo‘lsa, dalil qilib burdalarini ko‘rsatsin. Burdalangan bo‘laklari uchun u tovon to‘lamaydi. Birortasi boshqasining hayvonini so‘rab olgan bo‘lsa–yu, hayvon shikastlansa yoki o‘lsa, lekin o‘sha paytda egasi hayvonning oldida bo‘lmasa, so‘rab olgan odam hayvon uchun tovon to‘lasin. Agar o‘shanda egasi o‘z hayvoni yonida bo‘lsa, tovon to‘lamasin. Agar hayvon yollab olingan bo‘lsa, yollangan bahosi to‘lansin. Kimki voyaga yetgan va unashtirilmagan qizni zo‘rlab, u bilan yotsa, o‘sha odam u qiz uchun qalin bersin, o‘sha qizga uylansin. Agar otasi qizni o‘sha odamga berishga rozi bo‘lmasa, o‘sha odam voyaga yetgan qizlarga beriladigan miqdordagi pulni qizning oilasiga to‘lasin. Jodugarlarni tirik qoldirmanglar. Hayvon bilan jinsiy aloqa qilgan odamning jazosi o‘limdir. Faqat Men, Egangizdan, boshqa xudolarga qurbonlik keltirgan odamni o‘limga hukm qilinglar. Musofirni ezib, unga zulm o‘tkazmanglar. O‘zlaringiz ham Misrda musofir bo‘lgan edingizlar. Bevalarga va yetimlarga jabr qilmanglar. Agar shunday qilsangiz, ular Menga yolvoradilar. Men ularning nolalarini eshitaman. Men qattiq g‘azablanib, erkaklaringizga qirg‘in keltiraman. Oqibatda xotinlaringiz beva, bolalaringiz yetim bo‘lib qoladi. Mening xalqimdan birorta kambag‘alga qarz bersangiz, qarz beruvchi sifatida uni siquvga olmanglar, undan foiz talab qilmanglar. Agar qo‘shningizning to‘nini garovga olgan bo‘lsangiz, kun botmasdan oldin to‘nini qaytarib bering. O‘sha to‘n qo‘shningizning bittayu bitta yopinchig‘idir. Bo‘lmasa, qo‘shningiz nimani yopinib uxlaydi?! U Menga yolvorganda, eshitaman. Men rahmdilman. Meni, Xudoyingizni, xo‘rlamanglar, oqsoqollaringizdan birontasini ham qarg‘amanglar. Xirmoningizning hosilidan, zaytun moyi va sharobdan Menga nazr qilishni kechiktirmanglar. To‘ng‘ich o‘g‘illaringizni Menga bag‘ishlanglar. Mol va qo‘y–echkilaringizning birinchi erkak bolasini ham Menga bag‘ishlanglar. Ular yetti kun onasi bilan bo‘lsin, sakkizinchi kuni esa ularni Menga nazr qilinglar. Sizlar Mening muqaddas xalqim bo‘linglar. Dalada yirtqich tilka–pora qilgan hayvonning go‘shtini o‘zlaringiz yemanglar, itlarga beringlar. Yolg‘on xabarlar tarqatmanglar. Yolg‘on guvohlik berish orqali fosiq odamlarga qo‘shilmanglar. Ko‘pchilik noto‘g‘ri ish qilganda yoki ular adolatdan chetga chiqib guvohlik berganlarida, ularga ergashmanglar. Kambag‘alni hukm qilayotganda ham kambag‘al, deb uning tarafini olmang. Agar dushmaningizning yo‘qolib qolgan ho‘kizini yoki eshagini topib olsangiz, egasiga olib borib bering. Dushmaningizning eshagi yuk og‘irligidan yiqilib qolsa, siz uni ko‘rgan bo‘lsangiz, dushmaningizni tashlab ketmang. Unga yordam bering. Hukmda kambag‘alga qarshi adolatdan ko‘z yummang. Tuhmatchilardan uzoq turinglar, aybsiz, to‘g‘ri odamni o‘limga hukm qilmanglar. Men bunday ish qilgan aybdorlarni hukmda oqlamayman. Pora olmanglar. Pora tufayli ko‘zi ochiqlarning ko‘zini yog‘ bosadi. Pora har doim to‘g‘ri odamlarning ishiga zarar yetkazadi. Musofirga zulm qilmanglar. O‘zlaringiz Misrda musofir bo‘lgan edingizlar, shu bois musofirning ahvolini bilasizlar. Olti yil dalangizga urug‘ sepib, hosilini yig‘ishtirib oling. Yettinchi yili esa yeringizni bo‘sh qoldiring, dam bering. Xalqingiz orasidagi kambag‘allar yeringizdan o‘sib chiqadigan hosildan biron yegulik topib yesin. Ulardan qolganini esa dasht hayvonlari yesin. Uzumzoringizni va zaytunzoringizni ham shunday qilinglar. Olti kun ish qilinglar, yettinchi kun esa ishlamanglar, toki ho‘kizlaringiz, eshaklaringiz ham ishdan tinsin, qullaringiz, musofirlar ham orom olsin. Men sizlarga bergan amrlarimga rioya qilinglar. Boshqa xudolarning nomlarini hech qachon gapirmanglar. Boshqa xudolarning nomlarini hatto tilga olmanglar. Menga atab yilda uch marta bayram qilinglar: Abib oyining belgilangan vaqtida xamirturushsiz non bayramini nishonlanglar. Sizlar o‘sha oyda Misrdan chiqqansizlar. Men sizlarga amr etganimday, yetti kun xamirturushsiz non yenglar. Har kim Mening huzurimga munosib nazrlar olib kelishi lozim. Bug‘doy o‘rimini yig‘ishtirishni boshlaganingizda, dalangizga ekkan urug‘ning ilk hosilidan nazr qilinglar. Shu orqali Hosil bayramini nishonlanglar. Kuzda daladagi hamma hosilingizni yig‘ishtirib bo‘lganingizda, Chayla bayramini nishonlanglar. Hamma erkaklar har yili shu uchala bayramda Men, Egangiz Rabbiyning huzuriga kelib sajda qilsin. Menga qilingan qurbonlikning qonini xamirturush qo‘shilgan non bilan birga nazr qilmanglar. Qilingan qurbonlikning yog‘ini ertalabga qoldirmay kuydiringlar. Yeringizdan olgan ilk hosilning eng yaxshisini Men, Egangiz Xudoning uyiga olib kelinglar. Uloqchani onasining sutida qaynatmanglar. Sizlarni yo‘lda muhofaza etsin, sizlarni Men tayyorlagan yerga olib borsin, deb oldingizda farishtani yuboryapman. Men unda zohir bo‘lganim uchun, unga e’tibor qilinglar, uning so‘zlariga quloq solinglar. Unga o‘jarlik qilmanglar, aks holda u o‘jarligingizni kechirmaydi. Agar farishtamning aytganlariga diqqat bilan quloq solsangiz, Mening amrlarimga itoat etsangiz, dushmanlaringizga dushman, raqibingizga raqib bo‘laman. Farishtam oldingizda borib, sizlarni Amor, Xet, Pariz, Kan’on, Xiv va Yobus xalqlarining yerlariga boshlab boradi. Men o‘sha xalqlarni yo‘q qilaman. Ularning xudolariga sajda qilmanglar, xizmat qilmanglar. Bu xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ularning xudolarini yo‘q qilinglar, butsimon toshlarini sindirib tashlanglar. Faqat Men, Egangiz Xudogagina, xizmat qilinglar. Shunda Men osh–suvingizni barakali qilaman, orangizdan xastaliklarni yo‘q qilaman. Yurtingizda homilasi tushib qolgan yoki befarzand ayol bo‘lmaydi. Men umringizni uzoq qilaman. Sizlarga qarshi bo‘lgan xalqlarni Mendan qo‘rqadigan qilaman. Sizlarga qarshi jang qiladigan xalqlarni sarosimaga solaman. Dushmanlaringizning hammasini oldingizdan qochiraman. Men Xiv, Kan’on va Xet xalqlarini vahimaga solib, arilar galasi singari oldingizdan quvaman. Men bir yil ichidayoq ularni oldingizdan haydamayman. Bo‘lmasa, o‘sha yurt bo‘m–bo‘sh bo‘lib qoladi. Dasht hayvonlari sizlardan ko‘payib ketadi. Sizlar ko‘payib, o‘sha yurtni butunlay egallab olguningizcha, u yerdagi xalqlarni oz–ozdan oldingizdan haydayman. Chegaralaringizni Qizil dengizdan O‘rta yer dengizigacha, sahrodan Furot daryosigacha kengaytiraman. Sizlarni shu yurtning xalqlaridan qudratli qilaman. Sizlar ularni oldingizdan quvasizlar. Ularning o‘zlari bilan ham, xudolari bilan ham ahd qilmanglar. U xalqlar sizning yurtingizda yashamasin. Bo‘lmasa ular sizni o‘zlarining xudolariga sajda qildirib, Menga qarshi gunohga boshlaydi. Bu yo‘l bilan sizlarni tuzog‘iga ilintirib oladi.” Shundan keyin Egamiz Musoga dedi: — Sen Horunni va uning ikki o‘g‘li Nadov bilan Abihuni, Isroilning yetmishta oqsoqolini Mening huzurimga olib kelinglar. Keyin uzoqdan sajda qilinglar. Menga faqat sen yaqin kelgin, boshqa hech kim yaqin kelmasin. Xalq esa sizlar bilan birga chiqmasin. Muso kelib, Egamizning hamma amrlarini, hamma qonun–qoidalarini xalqqa aytib berdi. Xalq bir ovozdan: “Egamizning hamma aytganlarini bajaramiz”, deya javob berdi. Muso Egamizning hamma amrlarini va qonun–qoidalarini yozdi. So‘ng ertasi kuni tongda turib, tog‘ etagiga qurbongoh qurdi. O‘n ikki Isroil qabilasining miqdoriga ko‘ra, o‘n ikkita tosh o‘rnatdi. Muso Isroil xalqi orasidan yosh yigitlarni qurbonliklar keltirgani yubordi. Ular Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar qilishdi. Buqalarni tinchlik qurbonliklari qilishdi. Muso qonning yarmini tog‘oraga quydi, qolgan yarmini esa qurbongohga sepdi. So‘ngra u Ahd kitobini olib, xalqqa ovoz chiqarib o‘qib berdi. Shunda xalq: “Egamizning hamma aytganlarini bajaramiz, Unga itoat qilamiz”, — dedi. Muso tog‘oradagi qonni oldi–da, xalqqa sepib: “Ana shu so‘zlarga muvofiq, shu qon Egamiz sizlar bilan qilgan ahdni tasdiqlaydi”, — dedi. Shundan keyin Muso, Horun, Nadov, Abihu va Isroilning yetmishta oqsoqoli toqqa chiqishib, u yerda Isroil xalqining Xudosini ko‘rdilar: Uning oyoqlari ostida zangori yoqutdan qilingan koshin polga o‘xshash bir narsa bor edi. U osmon kabi havorang yaltiroq edi. Isroil xalqining bu yo‘lboshchilari Xudoni ko‘rgan bo‘lsalar–da, Xudo ularni o‘ldirmadi. Ular o‘sha yerda qurbonlik go‘shtini tanovul qildilar. Keyin Egamiz Musoga aytdi: — Toqqa Mening oldimga chiqib, shu yerda tur. Men senga amr va qonunlar yozilgan ikkita tosh lavhani beraman. Bu amr va qonunlarni xalq o‘rgansin, deb yozdim. Muso bilan uning shogirdi Yoshua otlanishdi. Muso Xudoning muqaddas tog‘iga ketayotib, oqsoqollarga aytdi: — Yonlaringizga qaytib kelgunimizcha shu yerda — qarorgohda kutib turinglar. Horun bilan Xur sizlarning yoningizda qoladi. Kimning ishi bo‘lsa, ularga murojaat etsin. Muso toqqa chiqqanda, tog‘ni bulut qopladi. Egamiz ulug‘vorligini zohir qilib, Sinay tog‘iga tushdi. Olti kun davomida bulut tog‘ni qoplab turdi. Yettinchi kuni Egamiz bulut orasidan Musoni chaqirdi. Egamizning ulug‘vorligi tog‘ cho‘qqisida lovullayotgan alanga kabi Isroil xalqi ko‘zi o‘ngida zohir bo‘lib turardi. Muso bulut orasida yurib, tog‘ cho‘qqisiga chiqdi. Muso tog‘da qirq kechayu qirq kunduz qoldi. Egamiz Sinay tog‘ida Musoga dedi: “ Isroil xalqiga, Egamizga nazr qilinglar, deb ayt. Menga chin ko‘ngildan nazr qilgan odamning nazrini qabul qil. Quyidagilar sen ulardan qabul qilib oladigan nazrlardir: oltin, kumush, bronza, ko‘k, safsar, qirmizi rangli ip, mayin zig‘ir matosi, echki juni, qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisi, yumshoq teri, akas yog‘ochi, moychiroqlar uchun zaytun moyi, muqaddas qiladigan moy uchun ziravorlar, xushbo‘y hidli tutatqi uchun ziravorlar, efodga taqiladigan aqiq va ko‘krakpechga taqiladigan boshqa qimmatbaho toshlar. Isroil xalqi Men uchun muqaddas maskan barpo qilishsin, toki Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilayin. Bu Muqaddas chodirni va uning hamma jihozlarini Men senga ko‘rsatadigan namunaga muvofiq yasat. Akas yog‘ochidan sandiq yasat. Sandiqning uzunligi ikki yarim tirsak, eni bir yarim tirsak, bo‘yi bir yarim tirsak bo‘lsin. Sandiqning ichkariyu tashqarisini toza oltin bilan qoplat. Aylanasiga oltin gulchambar qildir. Sandiq uchun eritilgan oltindan to‘rtta halqa yasatib, to‘rtala oyog‘iga mahkamlat: ikkita halqa bir tomonida, ikkita halqa ikkinchi tomonida bo‘lsin. Keyin akas yog‘ochidan xodalar yasatib, xodalarni oltin bilan qoplat. Xodalarni sandiqning ikkala tomonidagi halqadan o‘tkaz, toki xodalar yordamida sandiqni ko‘tarib yurishsin. Xodalar sandiqning halqalaridan ayirib olinmasin, doimo tursin. Men senga beradigan ahdning amr va qonunlari yozilgan ikkita tosh lavhani sandiqqa solib qo‘y. Toza oltindan sandiqning qopqog‘ini yasat. Bu qopqoqning uzunligi ikki yarim tirsak, eni bir yarim tirsak bo‘lsin. Shu bilan birga, oltindan ikkita karub yasat: ikkala karubni ham qopqoqning ikki chetiga zarb urib yasat. Bitta karub qopqoqning bir chetida, ikkinchi karub ikkinchi chetida bo‘lib, har ikkalasi qopqoq bilan bir butunni tashkil qilsin. Karublarning tepaga ko‘tarilgan qanotlari qopqoqni berkitib tursin. Ular yuzma–yuz turib, qopqoqqa qaragan bo‘lsin. Qopqoqni sandiqning ustiga qo‘y. Men senga beradigan ikkita tosh lavhani sandiqqa sol. Ahd sandig‘i ustida Men sen bilan uchrashaman. Karublar o‘rtasidagi gunohdan poklash joyi tepasidan Men senga gapirib, Isroil xalqi uchun hamma amrlarimni senga beraman. Akas yog‘ochidan xontaxta yasat. Xontaxtaning uzunligi ikki tirsak, eni bir tirsak, bo‘yi bir yarim tirsak bo‘lsin. Xontaxtani toza oltin bilan qoplatib, chetlariga aylantirib oltin gulchambar yasat. Yana xontaxtaning atrofi bo‘ylab to‘rt enli qilib oltin bilan qoplangan taxta qildirib, uni xontaxta oyoqlariga mahkamlat. Oltin gulchambarni xontaxtaning aylanasi bo‘ylab taxta ustiga qildir. [26-28] Yana to‘rtta oltin halqa yasatib, har birini taxta mahkamlangan joyning yoniga — to‘rtala burchagidagi to‘rtala oyog‘iga o‘rnashtir. Akas yog‘ochidan ikkita xoda yasatib, ularni oltin bilan qoplat. Bu yog‘ochlarni halqalardan o‘tkazib, xontaxtani ko‘tarib yurish uchun foydalan. *** *** Xontaxtaga qo‘yiladigan lagan, piyolalar, sharob nazr qilish uchun ko‘za va kosalar yasat. Bu buyumlarni toza oltindan yasat. Mening huzurimdagi xontaxtada doim muqaddas nonlar tursin. Toza, zarb qilingan oltindan chiroqpoya yasat. Butun chiroqpoya va uning bezaklari bir butun qilib yasalsin. Chiroqpoyaning tagligi, tanasi, kurtakli gulga o‘xshash shakldagi piyolalari bo‘lsin. Yana chiroqpoyaning tanasidan oltita shoxcha chiqarilsin: uchta shoxchasi bir yonidan, uchta shoxchasi ikkinchi yonidan chiqarilsin. Chiroqpoyaning tanasidan chiqadigan shoxchalarning har birida kurtakli bodom guliga o‘xshash shakldagi uchta piyola bo‘lsin. Chiroqpoyaning tanasida kurtakli bodom guliga o‘xshash shakldagi to‘rtta piyola bo‘lsin. Chiroqpoyaning tanasidan chiqadigan shoxchalarning har juftida bu kurtaklardan uchtasi birin–ketin tizilib tursin. Chiroqpoya, shoxchalari va kurtaklari bilan bitta qilib zarb qilingan toza oltinning yaxlit bo‘lagidan yasalishi lozim. Chiroqpoyaga yettita moychiroq yasatib, unga hammasini o‘rnashtir, toki moychiroqlar chiroqpoyaning old tomonini yoritib tursin. Moychiroqlarga qarab turish uchun toza oltindan qisqichlar va patnislar yasat. Chiroqpoyani va bu buyumlarni ikki pud toza oltindan yasashsin. Ehtiyot bo‘l, o‘sha hamma buyumlarni Men senga shu yerda — tog‘da ko‘rsatgan namunaga muvofiq yasat. Endi Muqaddas chodirning o‘ziga kelsak, uning ichki qavatini qildir. U mayin zig‘ir matosidan tikilgan o‘nta choyshabdan iborat bo‘lsin. Ko‘k, safsar va qirmizi iplar bilan karublar tasvirini mahorat bilan ishlatib, bu choyshablarni bezattir. Har bir choyshabning bo‘yi yigirma sakkiz tirsak, eni to‘rt tirsak bo‘lsin. Hamma choyshablarning o‘lchovi bir xil bo‘lsin. Choyshablardan beshtasining bo‘yini bir–biri bilan birlashtirib tiktir, qolgan beshtasini ham shunday qildir. [4-5] Ulangan ikki bo‘lak choyshabning bir bo‘yiga ko‘k matodan qilingan elliktadan halqa tiktir. Har ikki tomonga tikilgan halqalar bir–biriga ro‘parama–ro‘para bo‘lsin. *** Keyin oltindan ellikta ilgak yasattir, ikkala choyshabning halqalarini ilgaklar bilan bir–biriga ulat. Shunda chodirning ichki qavati bir butun bo‘ladi. Muqaddas chodirning qoplamasi uchun echki juni matosidan o‘n bitta choyshab tiktir. Har bitta choyshabning bo‘yi o‘ttiz tirsak, eni to‘rt tirsak bo‘lsin. O‘n bitta choyshabning hammasi bir o‘lchovda bo‘lsin. [9-11] Choyshablardan beshtasining bo‘yini bir–biri bilan birlashtirib tiktir, qolgan oltitasini ham shunday qildir. Ulangan ikki bo‘lak choyshabning bo‘yiga elliktadan halqa tiktir. Keyin bronzadan ellikta ilgak yasat, ikkala choyshabning halqalarini ilgaklar bilan bir–biriga ulat. Shunda chodirning qoplamasi bir butun bo‘ladi. Chodir ustiga qoplamani tashlaganlaringizda, chodirga kiraverishning yuqorisida oltinchisini uzunasi bo‘ylab ikki bukla. *** *** Qoplamaning bo‘yidan qolgan ikki tirsagi chodirning orqasida yerga yoyiladi. Qoplamaning eni oxiridagi qo‘shimcha bir tirsak chodirning ikki yonboshida yerga osilib turadi va uni butunlay qoplaydi. Bu qoplama ustiga qo‘yish uchun qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisidan qoplama, so‘ng yumshoq teridan tashqi qoplama qildir. Akas yog‘ochidan Muqaddas chodirni tutib turadigan romlar yasat. Har bir romning bo‘yi o‘n tirsak, eni bir yarim tirsak bo‘lsin. Har bir romning ostida bir–biriga parallel bo‘lgan ikkita tirgak yasat. Chodirning janub tomonidagi devor uchun yigirmata rom yasat. Bu romlar ostiga qo‘yish uchun kumushdan qirqta taglik — har bir rom uchun ikkitadan taglik qildir, toki har bir tirgak ostida bitta taglik bo‘lsin. Chodirning shimol tomonidagi devor uchun yigirmata rom yasat. Har bir rom ostiga qo‘yish uchun ikkitadan — qirqta kumush taglik yasat. Chodirning orqadagi — g‘arb tomonidagi devor uchun oltita rom, chodirning orqasida burchaklar hosil qilish uchun har ikki tomoniga yana bittadan rom yasat. Bu ikkala romni pastdan va yuqoridan tutashgan devordagi oxirgi romga birlashtir. Bitta burchak hosil qilish uchun bitta halqa bilan yaxlit qilib birlashtir. Bu har ikkala burchak shu yo‘l bilan hosil qilinadi. Shunday qilib, har bir rom ostiga qo‘yish uchun ikkitadan — o‘n oltita kumush taglikka tayangan sakkizta romdan orqadagi devor qilinadi. Muqaddas chodirning janub tomonidagi romlarni ushlab turish uchun akas yog‘ochidan beshta tamba, shimol tomonidagi romlarni ushlab turish uchun ham beshta tamba, orqa tomoni — g‘arb tomonidagi romlarni ushlab turish uchun ham beshta tamba yasat. Romlarning yarmigacha o‘rnashtirilgan o‘rtadagi tambalar chodirning boshidan oxirigacha cho‘ziladi. Romlarni oltin bilan qoplatib, tambalarni ushlab tursin, deb oltin halqalarni romlarga birlashtir, tambalarni ham oltin bilan qoplat. Chodirni Men senga shu yerda — tog‘da ko‘rsatgan namuna bo‘yicha o‘rnashtir. Mayin zig‘ir matosidan tikilgan ichki pardani qildir. Ko‘k, safsar va qirmizi iplar bilan karublar tasvirini mahorat bilan ishlatib, bu pardani bezattir. Akas yog‘ochidan to‘rtta ustun yasat. Ustunlarga oltin qoplatib, ularga oltin ilgaklarni mahkamlat. Kumush taglikka ustunlarni bittadan o‘rnashtir va ichki pardani ustundagi ilgaklarga osdir. Ichki parda chodir shipidagi ilgaklar ostida osilib tursin. Ahd sandig‘i ichki pardaning orqasiga olib kirilsin. Ichki parda Muqaddas xonani Eng muqaddas xonadan ajratib turadi. Sandiqning qopqog‘i Eng muqaddas xonaga olib kirilsin, uni ahd sandig‘i ustiga qo‘ydir. Xontaxtani chodirning shimol tomoniga — ichki pardaning tashqarisiga qo‘ydir. Chiroqpoyani esa chodirning janub tomoniga — ichki pardaning tashqarisidagi xontaxtaning ro‘parasiga o‘rnat. Chodirga kirish joyi uchun mayin zig‘ir matosidan tikilgan parda qildir. Uni ko‘k, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan tiktirib bezattir. Akas yog‘ochidan beshta ustun yasat, toki pardani ushlab tursin. Ustunlarga oltin qoplatib, ularga oltin ilgaklarni mahkamlat. Eritilgan bronzadan ustunlar ostiga qo‘yish uchun beshta taglik yasat. Akas yog‘ochidan to‘rtburchak qilib qurbongoh yasat. Qurbongohning uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, bo‘yi uch tirsak bo‘lsin. Qurbongohning to‘rtala burchagiga o‘zidan yo‘nib chiqarilgan shox yasat. Qurbongoh va uning shoxlarini bronza bilan qoplat. Qurbongohdagi kulni to‘kkani qozonlar, kuraklar, tog‘orachalar, sanchqilar, olovkuraklar yasat. Hamma buyumlarni bronzadan qildir. Qurbongohga bronzadan panjara yasat. Panjaraning to‘rtala burchagiga to‘rtta bronza halqa yasat. Panjarani qurbongohning ichiga — o‘rnatilgan bo‘rtiqning ostida o‘rnat, yarmigacha yetib borsin. Yana qurbongoh uchun akas yog‘ochidan xodalar yasatib, xodalarni bronza bilan qoplat. Qurbongohni ko‘tarib yurish uchun qurbongohning ikkala yonidagi halqalardan xodalarni o‘tkaz. Qurbongohning chetlariga taxta qoqtirib, ichini bo‘sh qoldir. Qurbongohni Men senga shu yerda — tog‘da ko‘rsatganimday qilib yasattir. So‘ngra Muqaddas chodirning hovlisini o‘rab tursin, deb pardadan to‘siq qildir: to‘sib turadigan pardalarni mayin zig‘ir matosidan qildir. Hovlining janub tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi yuz tirsak bo‘lsin. O‘sha to‘siqda bronzadan qilingan yigirmata taglikka o‘rnatilgan yigirmata ustun bo‘lsin. Shu yerdagi pardalarni ushlab turish uchun ustunlarga kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamlat. Hovlining shimol tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi ham yuz tirsak, uning yigirmata ustuni va bronzadan qilingan tagligi ham bo‘lsin. Uning pardalarini ushlab turish uchun ustunlariga ham kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamlat. Hovlining g‘arb tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi ellik tirsak, uning o‘nta ustuni va tagligi bo‘lsin. Hovlining sharq tomoni ellik tirsak kenglikda bo‘lsin. [14-15] Hovliga kirish joyi shu yer bo‘ladi. Kirishning o‘ng va chap tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi o‘n besh tirsakdan, har ikki tomonda uchtadan ustun va tagliklar bo‘lsin. *** Hovliga kirish joyiga uzunligi yigirma tirsak bo‘lgan parda qildir. Uni mayin zig‘ir matosidan qildirib, ko‘k, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan tiktirib bezattir. Bu pardani to‘rtta taglikka o‘rnatilgan to‘rtta ustun tirab turadi. Hovlining atrofidagi hamma ustunlarning kumushdan qilingan ilgaklari va halqalari, bronzadan qilingan tagliklari bo‘lsin. Hovlining uzunligi yuz tirsak, eni ellik tirsak bo‘lsin. To‘sib turadigan pardalar mayin zig‘ir matosidan qilinib, bo‘yi besh tirsak bo‘lsin. Tagliklar bronzadan bo‘lsin. Muqaddas chodirning boshqa barcha zarur ashyolari, chodirni va pardadan qilingan to‘siqni ushlab turadigan qoziq ham bronzadan qilinsin. Sen Isroil xalqiga buyruq ber: chiroqpoya uchun eng sifatli zaytun moyini ular senga olib kelib turishsin, toki moychiroqlar har doim tun bo‘yi yonib tursin. Moychiroqlar Uchrashuv chodirida ahd sandig‘i oldida osilib turadigan ichki pardaning tashqarisida bo‘lsin. Horun va uning o‘g‘illari, har kuni oqshomdan ertalabgacha Egamizning huzurida moychiroqlar yonib tursin, deb moychiroqlardan xabar olib turishsin. Bu qonun–qoidaga Isroil xalqi avlodlar osha doimo itoat qilib borsin. Isroil xalqi orasidan akang Horunni va u bilan birga uning o‘g‘illarini yoningga chaqir. Horun ham, uning o‘g‘illari Nadov, Abihu, Elazar, Itamar ham ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilishsin. Akang Horunni hurmatli va ko‘rkam qilish uchun unga muqaddas ruhoniylik liboslarini tayyorlat. [3-4] Men qobiliyat ato qilgan hamma mohir ustalarga ayt. Ular Horunga quyidagi ruhoniylik liboslarini tikishsin: ko‘krakpech, efod, rido, naqshli ko‘ylak, salla va belbog‘. Horun Menga xizmat qilganda, bu liboslar uni muqaddas qilib boshqalardan ajratib turadi. Horun o‘g‘illari kiyishlari uchun ularga muqaddas liboslar tiktir, toki ular ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilganlarida, bu liboslarni kiyishsin. *** Ular bu liboslarni mayin zig‘ir matosidan tikib, ko‘k, safsar, qirmizi iplar va oltin bilan bezatishsin. Efodni mayin zig‘ir matosidan yasatib, ko‘k, safsar, qirmizi rangli iplardan va oltindan qilingan ipdan mahorat bilan naqsh soldir. U bir–biriga ikkita yelka bog‘ichi bilan bog‘langan old va orqa qismlardan iborat bo‘lsin. Kamar yasatib, uni efodga bog‘lat. Kamarni ham mayin zig‘ir matosidan qildir. Unga ko‘k, safsar, qirmizi rangli iplardan va oltindan qilingan ipdan mahorat bilan naqsh soldir. [9-11] Keyin ikkita aqiq tosh olib, usta qimmatbaho toshga muhr o‘yadiganday, bu toshlarga Isroil o‘g‘illarining ismini o‘yib yozdir. Bitta toshga Isroil o‘g‘illaridan oltitasining ismini, ikkinchi toshga qolgan oltitasining ismini yoshi bo‘yicha yozdir. Yozilgan toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalar ichiga qo‘ydirib, *** *** efodning yelka bog‘ichlariga o‘rnashtir. Horun Men, Egangizning huzuriga kirganda, Isroilning o‘n ikki qabilasini eslatib turish uchun ikkala yelkasida bu toshlarni olib yuradi. Yana ikkita naqshli, oltin uya va toza oltindan ipga o‘xshatib eshilgan ikkita zanjir yasat. Bu ikkala zanjirning bir uchi uyaga mahkamlanadi. Oliy ruhoniy uchun ko‘krakpech yasat. U hukm qilayotganda, Xudoning xohishini bilish uchun foydalanadi. Ko‘krakpechni, efod singari, mayin zig‘ir matosidan yasatib, ko‘k, safsar va qirmizi rangli iplardan va oltindan qilingan ipdan mahorat bilan naqsh soldir. Ko‘krakpechni to‘rtburchak xalta shaklida, ikki buklangan, bo‘yi bir qarich, eniga ham bir qarich qilib yasat. Ko‘krakpechga to‘rt qator toshni to‘g‘ri qilib terdir: qizil yoqut, xrizolit va zumrad toshlarni birinchi qatorga terdir. Ikkinchi qatorga firuza, zangori yoqut va olmosni terdir. Uchinchi qatorga lojuvard, agat va ametist toshlarni terdir. To‘rtinchi qatorga topaz, aqiq va yashma toshlarni terdir. Hamma toshlar oltindan qilingan naqshli uyalarga o‘rnashtirilsin. Bu o‘n ikki tosh Isroilning o‘n ikki qabilasini eslatib turadi. Muhr o‘yganday qilib, Isroilning o‘n ikki o‘g‘lidan har birining ismini bu toshlarning har biriga o‘yib yozdir. [22-23] Ikkita oltin halqa yasatib, ko‘krakpechning ikkala ustki burchaklariga mahkamlat. Toza oltindan ipga o‘xshatib eshilgan ikkita zanjirni ol. *** Ikkala zanjirning bir uchini ko‘krakpechdagi halqalarga bog‘lat, ikkinchi uchini naqshli oltin uyalarga mahkamlat. Uyalarni efodning old tomonidagi yelka bog‘ichlariga o‘rnashtir. [26-27] Yana oltindan to‘rtta halqa yasat. Ikkitasini ko‘krakpechning ostki burchaklariga — efodga yaqin bo‘lgan ichki qirg‘og‘iga mahkamlat. Ikkitasini efodning old tomoniga, ikkala yelka bog‘ichining pastiga — naqshli kamar ustidagi joyga mahkamlat. *** Ko‘krakpech efodning naqshli kamari ustida bo‘lsin, efoddan osilib turmasin, deb ko‘krakpech halqalari yordamida efodning halqalariga ko‘k bog‘ich bilan mahkamlanadi. Horun har safar Muqaddas xonaga kirganda ko‘krakpechdagi o‘n ikki Isroil qabilasining ismini yuragi tepasida ko‘tarib yuradi. Shunday qilib, Horun Men, Egangizning huzurida bo‘lganda, ko‘krakpech doimo eslatib turadigan vazifani bajaradi. Urim va Tummimni ko‘krakpech xaltasining ichiga sol, toki Horun Mening huzurimga kirganda, xalqim uchun Mening xohishimni bilgani foydalaniladigan o‘sha narsalarni doimo yuragi tepasida ko‘tarib yursin. Efodning ridosini ko‘k ipdan to‘qilgan matodan tikdir. Ridoning o‘rtasidan bosh sig‘adigan teshik qildir. Rido yirtilib ketmasligi uchun teshikning qirg‘og‘ini to‘qit. [33-34] Rido etagining uchiga aylanasi bo‘ylab anor shaklini va qo‘ng‘iroqchalarni birin–ketin qilib bittama–bitta ostirib chiq. Anor shaklini ko‘k, safsar, qirmizi ipdan qildir. Oltin qo‘ng‘iroqchalarni anor shakli oralariga ostir. *** Horun o‘ldirilmasligi uchun Men, Egangizning huzurida oliy ruhoniy bo‘lib, xizmat qilganda, u shu ridoni kiyishi kerak. U Muqaddas xonaga kirganda va u yerda bo‘lganda, ridoning qo‘ng‘iroqchalari chalinadi, Horun xavf–xatardan yiroq bo‘ladi. Keyin toza oltindan lavha yasat. Lavhaning yuzasiga muhr o‘yganday qilib, “ Egamizga bag‘ishlangan”, deb o‘yib yozdir. Lavhani ko‘k bog‘ich bilan sallaning old tomoniga mahkamlat. Isroil xalqining ehsonlari Menga qabul bo‘lishi uchun, Horun doimo o‘z ruhoniylik vazifasini bajarganda, lavhani peshanasida olib yursin. Isroil xalqi nazr qilganda, Horunning nazrlarga oid gunohni yuvish vazifasining ramzi shu lavha bo‘ladi. Horunning ko‘ylagini va sallasini mayin zig‘ir matosidan qildir, ko‘ylagiga naqsh soldir. Belbog‘ini chiroyli, naqshli matodan yasat. Horunning o‘g‘illarini hurmatli va ko‘rkam qilish uchun ularga ko‘ylaklar, belbog‘lar, peshanabog‘lar tiktir. Akang Horun va uning o‘g‘illari ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilishlari uchun ularni bag‘ishla: bu liboslarni ularga kiygizib, moy surt, ularni ruhoniy qilib tayinla. Tananing ochiq joylari ko‘rinib qolmasin, deb yana ularga zig‘ir matosidan ishtonlar tiktir. Kiyimlar ularning belidan sonigacha yopib tursin. Horun va uning o‘g‘illari Uchrashuv chodiriga kirganlarida yoki Muqaddas xonada xizmat qilish uchun qurbongohga yaqinlashganlarida, shu ichki kiyimlarni kiyib olsin. Shunda Horun va uning o‘g‘illari ochiq joylarini berkitmagani uchun aybdor bo‘lib o‘ldirilmaydi. Horun va uning nasliga doimiy qonun–qoida ana shudir. Horun bilan uning o‘g‘illari ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qiladilar. Shuning uchun ularni Menga bag‘ishlab, quyidagicha marosim o‘tkaz. Nuqsonsiz bitta buqani va ikkita qo‘chqor qo‘yni ol. Sifatli bug‘doy unidan qilingan xamirturushsiz nonlarni, zaytun moyi qo‘shilgan xamirturushsiz nonlarni va zaytun moyi surtilgan xamirturushsiz chalpaklarni ham pishirtir. Shundan keyin nonlarni savatga solib, buqa va ikkala qo‘chqor bilan birga Menga nazr qilib olib kel. Horun bilan o‘g‘illarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel. Hammalarini suv bilan yuv. So‘ngra ruhoniylik liboslarini ol. Horunga ko‘ylakni va ridoni, efodni, ko‘krakpechni kiygiz. Efodning mahorat bilan naqsh solingan kamarini Horunga bog‘la. Keyin Horunning boshiga sallani kiygizib, sallaning ustiga oltin lavhani — uni boshqalardan ajratib turadigan muqaddaslik ramzini o‘rnashtir. So‘ngra muqaddas qiladigan moyni olib, uning boshiga surt va uni Mening xizmatimga bag‘ishla. Horunning o‘g‘illarini olib kelib, ularga ko‘ylakni kiygizib, boshlariga peshanabog‘ bog‘la. Horun bilan o‘g‘illariga yana belbog‘ bog‘la. Doimiy qonun–qoida bo‘yicha ruhoniylik ularniki bo‘ladi. So‘ng Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylik xizmatiga tayinla. Buqani Uchrashuv chodiri oldiga olib kel. Horun bilan o‘g‘illari esa buqaning boshiga qo‘llarini qo‘yishgach, Uchrashuv chodiriga kiraverishda Men, Egangizning huzurida buqani so‘y. Buqaning qonidan olib, barmog‘ing bilan qurbongohning shoxlariga qonni surt. Ortgan qonning hammasini esa qurbongohning yoniga to‘k. Ichak–chovoqlarini qoplab turgan hamma yog‘larini, jigarning a’lo qismini, ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yog‘larini olib, qurbongohda kuydir. Buqaning go‘shtini, terisini, chiqindilarini qarorgohdan tashqariga olib chiqib kuydir. Bu gunoh qurbonligidir. So‘ngra qo‘chqor qo‘yning bittasini olib kel. Horun bilan o‘g‘illari qo‘chqorning boshiga qo‘llarini qo‘yishgach, qo‘chqorni so‘yib, qonidan olgin–da, qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sep. Qo‘chqorning tanasini bo‘laklab, ichak–chovoqlarini, oyoqlarini yuv. Qo‘chqorning bu a’zolarini bo‘laklangan tanasi va kallasi ustiga qo‘yib, qo‘chqorni qurbongohda kuydir. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Men, Egangizga, yoqimli hid keladi. Keyin ikkinchi qo‘chqor qo‘yni olib kel. Horun bilan o‘g‘illari qo‘llarini qo‘chqorning boshiga qo‘ygach, qo‘chqorni so‘yib, qonini ol. So‘ngra Horun bilan o‘g‘illarining o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga, o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga qon surt. So‘ngra qurbongohning to‘rtta yon tomoniga qon sep. Keyin qurbongohdagi qondan, muqaddas qiladigan moydan olib, Horun bilan o‘g‘illariga, hammalarining ruhoniylik liboslariga sep. Shunday qilib, Horun bilan o‘g‘illari, hammalarining liboslari muqaddas bo‘ladi. Bu qo‘chqor Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylikka tayinlash marosimida foydalaniladi. Shuning uchun qo‘chqor qo‘yning o‘ng sonini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan hamma yog‘larini, jigarning a’lo qismini, ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yog‘larni ol. Yana Men, Egangizning huzuridagi savatdan sifatli bug‘doy unidan qilingan xamirturushsiz nondan bittasini, zaytun moyi qo‘shilgan xamirturushsiz nondan bittasini va zaytun moyi surtilgan xamirturushsiz chalpakdan bittasini ol. Bularning hammasini Horunning va uning o‘g‘illarining qo‘llariga qo‘y. Bularni ular Men, Egangizga, bag‘ishlaganlarini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tarishsin. So‘ngra bu hamma nazrlarni ularning qo‘llaridan olib, qurbongohda birinchi kuydiriladigan qo‘chqor bilan kuydir. Olovda kuydirilgan bu nazrlardan ham Men, Egangizga, yoqimli hid keladi. So‘ngra ruhoniylikka tayinlash marosimida foydalaniladigan o‘sha ikkinchi qo‘chqorning to‘shini olib, Men, Egangizga, bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tar. Bunisi sening ulushing bo‘ladi. Horun va uning o‘g‘illari Mening huzurimda ruhoniylikka tayinlanish marosimida qo‘chqorning yuqoriga ko‘tariladigan qismlari — to‘shi va soni muqaddas, deb qaraladi. Kelgusida Isroil xalqi Men, Egangizga, tinchlik qurbonliklari qilganlarida, bu qismlar Horun va uning o‘g‘illariga doimiy ulush qilib berilsin. Horunning muqaddas ruhoniylik liboslari o‘zidan keyin uning nasllariniki bo‘lsin. Horunning nasllariga shu liboslarda moy surtilib, shu liboslarda ular oliy ruhoniylikka tayinlanadilar. Horunning o‘rniga oliy ruhoniy bo‘lib, Muqaddas xonada xizmat qilish uchun Uchrashuv chodiriga kiradigan o‘g‘li bu liboslarni yetti kun kiyib yursin. Endi ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan qo‘chqor qo‘yning go‘shtini olib, muqaddas joyda qaynat. Horun bilan o‘g‘illari Uchrashuv chodiriga kiraverishda qo‘chqor go‘shtidan va savatdagi nonlardan tanovul qilishsin. Faqat ular bu go‘shtdan va nondan tanovul qila oladilar. Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylikka tayinlash va bag‘ishlash marosimida ularni gunohdan poklash uchun o‘sha non va go‘shtdan foydalaniladi. Bu go‘sht va non muqaddas bo‘lgani uchun, ruhoniy bo‘lmagan odamlar bulardan tanovul qila olmaydi. Agar ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan go‘shtdan va nonlar nazridan ertalabgacha qolsa, qolganlarini olovda kuydir. Bular muqaddas bo‘lgani uchun tanovul qilish mumkin emas. Men senga amr etganimday, yetti kun davomida har kuni Horun va uning o‘g‘illari uchun ruhoniylikka tayinlanish marosimini takrorla. Ularni gunohlaridan poklash uchun har kuni buqa qurbonlik qil. Qurbongohni poklash uchun marosim o‘tkaz. Qurbongohga moydan surtib, muqaddas qil. Yetti kun davomida har kuni shunday qil. Ana shunda qurbongoh g‘oyat muqaddas bo‘ladi. Birontasi yoki biron narsa qurbongohga tegib ketganda ham, u muqaddas bo‘ladi. Har kuni ikkita bir yoshli qo‘zini qurbongohda qurbonlik qilib kuydir. Bitta qo‘zini ertalab, ikkinchisini kechqurun qurbonlik qil. [40-41] Har bir qo‘ziga qo‘shib, ikki kosa toza zaytun moyi aralashtirilgan to‘rt kosa sifatli unni don nazri qilib keltir. Shu bilan birga, ikki kosa sharob nazrini ham keltir. Olovda kuydiriladigan bu qurbonliklardan Men, Egangizga, yoqimli hid keladi. *** Quydiriladigan bu ikki qurbonlik Men, Egangizning huzurida, Uchrashuv chodiriga kiraverishda avlodlar osha qilinsin. O‘sha yerda Men sen bilan uchrashib, gaplashaman. Uchrashuv chodirida Men zohir bo‘lib, Isroil xalqi bilan uchrashaman, ulug‘vorligimdan bu joy muqaddas bo‘ladi. Men Uchrashuv chodirini va qurbongohni muqaddas qilaman. Horun bilan o‘g‘illari ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilishlari uchun ularni ham muqaddas qilaman. Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilaman, ularning Xudosi bo‘laman. Shunda Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilay, deb ularni Misr yurtidan olib chiqqan Egasi Xudo Men ekanligimni ular bilib oladilar. Men ularning Egasi Xudoman. Tutatqi tutatish uchun akas yog‘ochidan qurbongoh yasat. Qurbongoh to‘rtburchak, uzunligi bir tirsak, eni ham bir tirsak, bo‘yi esa ikki tirsak bo‘lsin. Qurbongohning shoxlari o‘zidan yo‘nib chiqarilsin. Qurbongohning ustini, yon atrofini, shoxlarini toza oltin bilan qoplat, aylanasi bo‘ylab oltindan gulchambar yasat. [4-5] Qurbongohning ikki tomonidagi gulchambarning ostiga ikkita oltin halqa o‘rnashtir. Akas yog‘ochidan ikkita xoda yasatib, ularni oltin bilan qoplat. Bu xodalarni halqalardan o‘tkazib, qurbongohni ko‘tarib yurishda foydalan. *** Tutatqi qurbongohini ahd sandig‘ining qopqog‘i oldida osilib turadigan ichki pardaning tashqarisiga qo‘ydir. Bu joy — sen bilan Men uchrashadigan joyning tashqarisida. Horun har kuni ertalab o‘sha chiroqlardan xabar olganda bu qurbongohda xushbo‘y hidli tutatqi tutatsin. U kechqurun chiroqlardan xabar olganda ham tutatqi tutatsin. Bu tutatqi nazrlari sizlarning avlodlaringiz osha Men, Egangizning huzurida har kuni tutatilishi lozim. Bu qurbongohda faqat muqaddas tutatqini tutatinglar. Qurbongohda kuydiriladigan qurbonlik yoki don nazri qilmanglar, sharob nazri ham qilmanglar. Horun bir yilda bir marta qurbongoh uchun poklash marosimini o‘tkazsin. Buning uchun gunoh qurbonligining qonidan qurbongohning to‘rtala shohiga surtib, qurbongohni poklasin. Bu marosim har yili avlodlar osha qilinishi lozim. Bu qurbongoh Men, Egangizga, bag‘ishlangan g‘oyat muqaddas qurbongohdir.” So‘ngra Egamiz Musoga yana gapirdi: “ Isroilda katta bo‘lgan odamlarni sanaganingda, har bir odam sanoq paytida Men, Egangizga, himoya qiladigan to‘lov to‘lasin. Shunda sen ularni sanaganingda, ularga kulfat keltirmayman. [13-14] Yigirma va undan yuqori yoshdagi sanoqqa kiradigan har bir odam 1,25 misqol kumushdan Men, Egangizga, nazr qilishi lozim. *** Ular o‘zlarini Mening hukmimdan himoya qiladigan nazrni qilganlarida, boy odam o‘shandan ko‘p bermasin, kambag‘al ham o‘shandan oz bermasin. Bag‘ishlangan bu kumushni Uchrashuv chodirini yasash uchun sarf qil. Men, Egangizning huzurida bu kumush Isroil xalqiga hukmimdan himoya qiladigan nazr berilganini eslatib turadi.” Egamiz Musoga yana gapirdi: “Yuvinish uchun bronzadan qo‘lyuvgich yasat. Qo‘lyuvgichning tagligi ham bronzadan bo‘lsin. Qo‘lyuvgichni Uchrashuv chodiri bilan qurbongoh o‘rtasiga o‘rnatib, unga suv quy. Horun bilan uning o‘g‘illari qo‘lyuvgichdagi suv bilan qo‘llarini va oyoqlarini yuvishsin. Ular Uchrashuv chodiriga kirayotganlarida, suvda yuvinishsin. Shunda ular nobud bo‘lmaydi. Yoki ular ruhoniy bo‘lib, qurbongohda kuydirgani nazrlar olib kelib Men, Egangizga, xizmat qilganlarida, qo‘l–oyoqlarini suvda yuvishsin. Shunda ham ular nobud bo‘lmaydi. Bu Horun va uning nasllari uchun avlodlari osha saqlab olib o‘tish uchun doimiy qonundir.” Egamiz Musoga yana aytdi: “Quyidagi eng yaxshi xushbo‘y hidli ziravorlardan ol: 1250 misqol suyuq mirra, 625 misqol dolchin, 625 misqol qamish va 1250 misqol kassiya. Sakkiz kosa zaytun moyi olib, usta odam xushbo‘y hidli moy qilish uchun ziravorlarni moy bilan aralashtirsin. Bu muqaddas qiladigan moydir. Bu moyni Uchrashuv chodiriga, ahd sandig‘iga, xontaxtaga va xontaxtaning hamma buyumlariga, chiroqpoyaga va uning hamma buyumlariga, tutatqi qurbongohiga, qurbonlik kuydiriladigan qurbongohga va uning hamma buyumlariga, qo‘lyuvgichga va uning tagligiga surt. Shu tariqa bu narsalarni Menga bag‘ishla. Shunda ular g‘oyat muqaddas bo‘ladi. Birontasi yoki biron narsa ularga tekkanda, muqaddas bo‘ladi. So‘ng Horun bilan o‘g‘illariga bu moydan surtib, ularni bag‘ishla, toki ular ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilishsin. Isroil xalqiga esa Mening shu gapimni yetkaz: — Muqaddas qiladigan moy sizlarning butun avlodlaringiz osha Menga bag‘ishlansin. Bu moy ruhoniy bo‘lmagan odamning tanasiga surtilmasligi kerak. Shu tarkibdagi moy aralashmasini sizlar tayyorlamanglar. Chunki bu moy muqaddasdir, sizlar buni muqaddas, deb qarashingiz lozim. Kimki bunga o‘xshash hidli moyni tayyorlasa yoki bu moydan ruhoniy bo‘lmagan odam ustiga surtsa, u Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinadi.” [34-35] Egamiz yana Musoga gapirdi: “Quyidagi xushbo‘y hidli ziravorlarni olib, ularni aralashtir: yelimdan qilingan ziravor, moluska qobig‘idan qilingan ziravor, xilvon. So‘ngra usta odam toza xushbo‘y tutatqidan, xushbo‘y hidli aralashmadan bir o‘lchovda olsin. Ularni tuz bilan aralashtirib, toza, muqaddas bo‘ladigan tutatqi qilsin. *** Bu tutatqidan bir qismini olib, mayda qilib tuy va Men sen bilan uchrashadigan Uchrashuv chodiridagi ahd sandig‘i oldiga qo‘y. Bu tutatqini sizlar g‘oyat muqaddas deb bilishingiz lozim. O‘sha tarkibdagi tutatqi aralashmasini o‘zlaringiz uchun qilmanglar. Buni Men, Egangizga, bag‘ishlangan muqaddas tutatqi, deb qara. Kimki tutatgani o‘zicha shunga o‘xshagan tutatqi qilsa, u Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinadi.” Egamiz Musoga yana gapirdi: “Ana, Men Yahudo qabilasidan Urining o‘g‘li, Xurning nabirasi Bazalilni tanladim. Men uni Ruhim bilan to‘ldirib, hunarmandchilikning hamma turi bo‘yicha mohir, idrokli qildim, qobiliyat ato qildim. U ajoyib badiiy bezaklar qilishga, bezaklarga oltin, kumush va bronza bilan ishlov berishga, qimmatbaho toshlarni o‘yib ishlov berib jihozlashga, yog‘och o‘ymakorligiga, badiiy hunarmandchilikka layoqatlidir. Dan qabilasidan Oxisamax o‘g‘li Oxoliyovni unga yordamchi qilib tanladim. Men hamma hunarmandlarga lozim darajada qobiliyat ato qilganman. Men senga amr bergan quyidagi ashyolarni ular yasaydilar va tikadilar: Uchrashuv chodirini, ahd sandig‘i va sandiqning qopqog‘ini, chodirning boshqa hamma jihozlari — xontaxta, xontaxtaning buyumlari, toza oltindan chiroqpoya va chiroqpoyaning hamma buyumlarini, tutatqi qurbongohini, qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh va qurbongohning hamma buyumlarini, qo‘lyuvgich va qo‘lyuvgichning tagligini, ruhoniy Horun uchun ajoyib qilib tikilgan muqaddas liboslarni, uning o‘g‘illari ruhoniy bo‘lib, xizmat qilganlarida kiyadigan liboslarni, muqaddas qiladigan moy va Muqaddas xona uchun xushbo‘y hidli tutatqini. Men senga qanday amr etgan bo‘lsam, ular xuddi shunday qilib bajarishsin.” So‘ngra Egamiz Musoga aytdi: — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Menga bag‘ishlangan Shabbat kuniga rioya qilib yuringlar. Shabbat kuni — Men bilan Isroil xalqi o‘rtasidagi ahdning avlodlaringiz osha davom etadigan alomati. Shu orqali Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Sizlarni Men muqaddas qilib boshqalardan ajrataman. Shabbat kuniga rioya qilib yuringlar, bu kunni muqaddas deb bilinglar. Kimki bu kunni izzat qilmasa, o‘sha odamning jazosi o‘lim. Kimki o‘sha kuni ishlasa, u Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinadi. Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun — Shabbat kuni esa hamma ishlardan tinib, Men, Egangizga, atab ajratilgan kundir. Shabbat kuni ishlaganning jazosi o‘limdir. Isroil xalqi avlodlar osha Shabbat qonun–qoidalariga itoat etish orqali bu kunga rioya qilib yurishlari lozim. Bu sen bilan Mening o‘rtamizdagi ahdning doimiy alomatidir, Men, Egangiz, olti kun davomida yer va osmonni yaratib, yettinchi kuni tinib, orom olganimni doimo eslatib turadi.” Shunday qilib, Xudo Sinay tog‘ida Muso bilan gapini tugatib, ahdning amr va qonunlari yozilgan ikkita tosh lavhani Musoga berdi. Bularni Xudoning O‘zi yozgan edi. Muso tog‘da uzoq qolib ketdi. Xalq Musoning tog‘dan qaytib tushavermaganini ko‘rgach, Horunning yoniga yig‘ilishib, unga aytishdi: — Qani, bizga yo‘l ko‘rsatib boradigan xudo yasab ber. Bizni Misrdan olib chiqqan o‘sha odamga — Musoga nima bo‘lganini bilolmayapmiz. Shunda Horun odamlarga: — Xotiningizning, o‘g‘lingizning, qizingizning quloqlaridagi oltin sirg‘alarni yechib olib, menga keltiringlar, — dedi. Shundan keyin jamiki xalq quloqlaridagi oltin sirg‘alarni yechib, Horunga olib keldi. Horun oltin sirg‘alarni ulardan olib, eritdi. U buqa yasadi, asbobdan foydalanib, oltin bilan qopladi. Keyin odamlar aytdilar: — Ey, Isroil! Mana bizni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz! Horun buni ko‘rgach, oltin buqaning oldiga qurbongoh qurdi. Keyin: “Ertaga Egangizga bag‘ishlangan bayram bo‘ladi”, deb e’lon qildi. Ertasi kuni xalq saharda turib, kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini keltirdi. O‘tirib yeb–ichishgandan keyin ko‘ngilxushlik qilishdi. Shunda Egamiz Musoga aytdi: — Hoziroq tush! O‘zing Misrdan olib chiqqan xalqing yo‘ldan ozdi. Ular Men amr etgan yo‘ldan darrov og‘di. O‘zlariga buqaning tasvirini yasab, unga sajda qilib, qurbonliklar keltirib: “Ey, Isroil! Mana bizni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz!” — dedilar. Egamiz Musoga yana gapirdi: — O‘sha xalqning naqadar o‘jarligini ko‘rib turibman. Endi Meni to‘xtataman, deb ovora bo‘lma, bu xalqqa shunaqangi g‘azabimni sochamanki, ularni qirib tashlayman. Ey, Muso, ularning o‘rniga sendan buyuk xalq yarataman. Shunda Muso Egasi Xudoga: — Ey, Egam! Axir, bu xalqni buyuk kuch–qudrating bilan Misrdan O‘zing olib chiqqansan–ku! — deb yolvordi. — O‘z xalqingga O‘zing g‘azabingni sochmagin! Misrliklar: “Egasi ularni yomon niyat bilan — tog‘larda o‘ldirish uchun, yer yuzidan qirib tashlash uchun bu yerdan olib chiqqan ekan”, deb aytishmasin! Qo‘ygin, bu niyatingdan qaytgin, g‘azabingni sochib, O‘z xalqingni qirib tashlamagin. O‘z qullaring Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga aytganlaringni yodingda tutgin. Sen ularga: “Sizlarning naslingizni osmondagi yulduzlar singari ko‘paytiraman, Men va’da qilgan hamma yerni naslingizga beraman, ular o‘sha yurtga to abad egalik qiladi”, deb O‘z noming bilan ont ichgan eding–ku! Shunday qilib, Egamiz niyatini o‘zgartirib, aytgan kulfatlarni O‘z xalqining boshiga keltirmaydigan bo‘ldi. Muso qo‘lida ahdning amr va qonunlari — ikkala tomoniga ham yozuv bitilgan ikkita tosh lavhani olib, tog‘dan qaytib tushdi. Lavhalar Xudoning ijodi bo‘lib, lavhalardagi yozuvni Xudo o‘yib bitgan edi. Yoshua xalqning shovqin–suronini eshitib, Musoga: “Qarorgohda urush shovqin–suroni eshitilyapti”, deb aytdi. Shunda Muso dedi: — Bu g‘oliblarning hayqirig‘i emas, mag‘lublarning faryodi ham emas, Eshitganim — ishratparastlar qo‘shig‘i. Muso qarorgohga yaqinlashib, buqani, odamlarning ko‘ngilxushligini ko‘rdi. Shunda u g‘azablanib, tog‘ etagida qo‘lidagi lavhalarni uloqtirgan edi, lavhalar chilparchin bo‘ldi. Muso Isroil xalqi yasagan buqani olib, olovda yoqdi. Uni ezib, kukun qildi–da, suvga sochdi. Suvni Isroil xalqiga ichirdi. Muso Horunga: — Bu xalq senga nima qilgan ediki, ularni og‘ir gunohga botiribsan? — dedi. — G‘azablanmang, hazratim, — dedi Horun unga. — Bu xalqning yomonlik qilishga moyilligini bilasiz–ku! Ular menga: “Bizga yo‘l ko‘rsatib boradigan xudo yasab ber, bizni Misrdan olib chiqqan o‘sha odamga — Musoga nima bo‘lganini bilolmayapmiz”, deb aytishdi. Men esa ularga: “Kimning oltin sirg‘alari bo‘lsa, ularni menga olib kelinglar”, degan edim, ular oltin sirg‘alarini olib, menga keltirdilar. Oltinlarni olovga tashlaganimda, olov ichidan mana shu buqa kelib chiqdi. Muso ko‘rdiki, Horun xalqni nazorat qilmay, dushmanlari oldida o‘zlarini masxara qilishlariga yo‘l qo‘yib bergan edi. Muso qarorgoh kiraverishiga kelib: — Kim Egamiz tomonda bo‘lsa, mening yonimga kelsin! — deb buyurdi. Levi qabilasi odamlari uning yoniga to‘plandi. Muso ularga dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Har biringiz qilichingizni yoningizga oling. Qarorgohning bu chetidan narigi chetigacha borib qaytib, har biringiz birodaringizni, qo‘shningizni, yaqin qarindoshingizni o‘ldiring.” Levi qabilasi odamlari Musoning buyrug‘ini bajo qildi. Shu kuni Isroil xalqidan taxminan uch mingta odam halok bo‘ldi. Muso Levi qabilasi odamlariga: — Bugun Egam sizlarga marhamat qilib, sizlarni o‘zining xizmatiga tayinladi, — dedi. — Hatto o‘g‘illaringizni, aka–ukalaringizni o‘ldirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, sizlar Unga itoat etdingiz. Ertasi kuni Muso xalqqa dedi: — Sizlar og‘ir gunoh qildingizlar. Endi men toqqa Egamizning oldiga chiqaman, balki sizlarni gunohlaringizdan poklarman. Muso Egamizning oldiga qaytib borib, shunday dedi: — Evoh! Bu xalq og‘ir gunoh qilibdi: o‘zlariga oltindan xudo yasabdi. Ammo endi, ularning gunohini kechirgin, deb Senga iltijo qilaman. Agar kechirmasang, O‘zing yozgan kitobdan mening nomimni o‘chirib tashlagin. Shunda Egamiz Musoga aytdi: — Kim Menga qarshi gunoh qilgan bo‘lsa, o‘shaning nomini O‘zimning kitobimdan o‘chirib tashlayman. Endi bor, bu xalqni Men senga aytgan joyga boshla. Mening farishtam sendan oldinda boradi. Shunga qaramay, O‘zim belgilagan kunda Men ularni qilgan gunohi uchun jazolayman. Shunday qilib, Egamiz ularning boshiga kulfat yubordi, chunki Isroil xalqi Horunga, buqa yasab ber, deb talab qilgan edilar. Horun ularning talabini bajargan. Keyin Egamiz Musoga aytdi: — Qani, sen ham, Misrdan o‘zing olib chiqqan xalqing ham bu joydan ketinglar. Ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga Men: “Sizlarning naslingizga beraman”, deb qasam ichgan yurtga ketinglar. Sendan oldinda farishtani yuborib, Kan’on, Amor, Xet, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarini haydayman. Sut va asal oqib yotgan o‘sha yurtga boringlar. Ammo Men sizlar bilan bormayman, chunki sizlar o‘jar xalqsiz. Sizlar bilan borsam, sizlarni yo‘lda halok qilib tashlashim mumkin. [4-5] Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Sizlar o‘jar xalqsiz. Agar Men bir lahza sizlar bilan borsam, sizlarni qirib tashlashim mumkin. Endi zeb–ziynatlaringizni yechib qo‘yinglar. Men sizlarni nima qilishim to‘g‘risida bir qarorga kelaman.” Xalq bu vahimali gapni eshitgach, dod solib yig‘ladi. Hech kim zeb–ziynatlarini taqmadi. *** Shunday qilib, Isroil xalqi Sinay tog‘ida zeb–ziynatlarini yechib qo‘ydi. O‘shandan keyin ular zeb–ziynatlarini boshqa taqmadilar. Muso bir chodirni qarorgohning tashqarisiga — qarorgohdan uzoqroqqa olib borib o‘rnatdi. U bu chodirga, Uchrashuv chodiri, deb nom berdi. Egamizdan maslahat so‘ramoqchi bo‘lgan har bir odam o‘sha yerga kelardi. Muso chodirga chiqib borganda, butun xalq turib, o‘z chodiriga kiraverishda chiqib turardi. Muso chodirga kirib ketguncha, hamma tik turganicha uning orqasidan qarab turardi. Muso chodirga kirib, Egamiz Muso bilan gaplashganda, ustun shaklidagi bulut pastga tushib, chodirga kiraverishda turardi. Butun xalq chodirga kiraverishda turgan bulut ustunini ko‘rib, o‘z chodiriga kiraverishda muk tushib ta’zim qilardi. Birortasi do‘sti bilan gaplashganday, Egamiz ham Muso bilan yuzma–yuz gaplashardi. Keyin Muso qarorgohga qaytib kelar, uning yosh yordamchisi Nun o‘g‘li Yoshua esa chodirni tark etmasdi. Shundan keyin Muso Egamizga aytdi: — Sen: “Bu xalqni boshlab olib ket”, deb menga amr berding–u, lekin biz bilan kimni yuborishingni aytmading. Yana: “Men seni tanladim, sen haqiqatan Mendan marhamat topgansan”, degan eding. Agar men Sendan marhamat topgan bo‘lsam, iltijo qilaman: menga yo‘llaringni ko‘rsatgin. Sendan marhamat topib yurishim uchun, Seni bilayin. Bu xalq O‘zingning xalqing ekanini yodingda tutgin. Egamiz Musoga aytdi: — Men sizlar bilan boraman. Men sizlarga tinchlik ato qilaman. Muso esa Egamizga aytdi: — Agar Sen biz bilan bormaydigan bo‘lsang, bizni bu yerdan olib chiqmagin. Bo‘lmasa, men ham, xalqing ham Sendan marhamat topganimiz qanday bilinadi? Sen biz bilan birga borganingdan emasmi?! Shu orqali men ham, Sening xalqing ham yer yuzidagi hamma xalqdan farq qilamiz. Shunda Egamiz Musoga aytdi: — Sen nimani so‘ragan bo‘lsang, Men shuni qilaman. Chunki sen Mendan marhamat topgansan. Men seni tanladim. — Iltijo qilaman: menga ulug‘vorligingni zohir qilgin, — dedi Muso. — Men O‘zimni senga ma’lum qilaman. Men sening oldingdan o‘tib, butun ezguligimni senga zohir qilaman, — dedi Egamiz Musoga. — Marhamat qiladiganimga marhamat qilaman, shafqat qiladiganimga shafqat qilaman. Lekin Mening yuzimni ko‘ra olmaysan. Meni ko‘rgan odam tirik qolmaydi. Menga yaqin joyda qoya bor. O‘sha qoyaning ustida tur! Men o‘tayotib ulug‘vorligimni zohir qilganimda, seni qoyaning yoriq joyiga qo‘yaman. O‘tib ketgunimcha seni qo‘lim bilan to‘sib turaman. Keyin qo‘limni olaman. Sen Meni orqamdan ko‘rasan. Yuzimni esa ko‘rmaysan. Egamiz Musoga amr berdi: — Oldingilariga o‘xshagan ikkita tosh lavha kes. Sen sindirgan oldingi lavhalardagi so‘zlarni Men o‘sha lavhalarga yozaman. Ertalabga tayyor bo‘l, Sinay tog‘iga chiqib, tog‘ cho‘qqisida Meni kutib olishga hozir bo‘lib tur. Lekin sen bilan birga hech kim chiqmasin. Tog‘ning biror joyida hech kim bo‘lmasin. Hatto tog‘ning yaqinida mol–qo‘ylar ham boqilmasin. Egamiz amr etganday, Muso oldingilariga o‘xshagan ikkita tosh lavhani kesdi. Ertasiga saharda turib, qo‘liga ikkala tosh lavhani olib, Sinay tog‘iga chiqdi. Egamiz bulut ichida tushib keldi. Muso bilan birga turib, O‘zini Musoga ma’lum qildi. Musoning oldidan o‘tib, baland ovoz bilan gapirdi: — Men Egangman! Men Egangman! Rahmdil va inoyatli, jahli tez chiqmaydigan Xudoman, sodiq sevgim mo‘ldir. Ming–ming avlodlarga sodiq sevgimni ko‘rsataveraman. Fosiqlikni, isyonni va gunohlarni kechiraman. Lekin aybdorlarni aslo jazosiz qoldirmayman. Men ularni jazolab, ularning gunohlari oqibatini bolalariga, nabiralariga va chevaralariga olib kelaman. O‘sha zahoti Muso ikki bukilib ta’zim qilib, sajda qildi. So‘ngra: — Yo, Rabbiy! — dedi. — Agar men Sendan marhamat topgan bo‘lsam, iltijo qilaman, Sen biz bilan borgin. Bu xalq o‘jar bo‘lsa ham, fosiqligimizni va gunohlarimizni kechirgin, bizni O‘zingning xalqing qilib qabul et. Egamiz aytdi: “Men endi Isroil xalqi bilan ahd tuzaman. Butun xalqing ko‘zi oldida ajoyibotlar ko‘rsataman. Bunaqa ajoyibotlar yer yuzida yoki bironta xalq orasida bo‘lmagan. Men, Egangizning sizlarga ko‘rsatadigan dahshatli ishini sen bilan birga bo‘lgan butun xalq ko‘radi. Men sizlarga bugun beradigan amrlarga itoat qilinglar. Men sizlarning oldingizdan Amor, Kan’on, Xet, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarini quvaman. Ehtiyot bo‘linglar, sizlar kiradigan yurtning aholisi bilan sulh tuzmanglar. Bo‘lmasa, sizlarni tuzog‘iga ilintirib oladi. Sizlar esa ularning qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini maydalab tashlanglar, Asheraga atalgan ustunlarni kesib tashlanglar. Boshqa xudolarga sajda qilmanglar. Men, Egangizning nomi Rashkchi: Men sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham ko‘rmaydigan Xudoman. O‘sha yurtning aholisi bilan sulh tuzmanglar. Ular o‘z xudolari ortidan hirs bilan ergashadilar. Ular bilan sulh tuzsangiz, o‘z xudolariga qurbonliklar keltirayotganlarida sizlarni ham o‘zlariga qo‘shilishga taklif qiladilar. Sizlar ular bilan borib, qurbonliklaridan tanovul qilasiz. Keyin ularning qizlarini o‘g‘illaringizga olib berasizlar. Ular o‘z xudolariga hirs bilan sajda qilganda, o‘g‘illaringizni ham o‘sha xudolarga hirs qo‘yishga boshlaydilar. O‘zlaringizga xudolar tasvirlarini yasamanglar. Xamirturushsiz non bayramini har yili nishonlanglar. Men sizlarga amr etganimday, Abib oyining belgilangan vaqtida yetti kun xamirturushsiz non yenglar. Sizlar Abib oyida Misrdan chiqqansizlar. To‘ng‘ich o‘g‘illaringiz, hamma chorvangizning — mol–qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan erkak bolasi Meniki. Birinchi tug‘ilgan erkak eshak Egamizdan bir qo‘zi yoki uloqcha evaziga sotib olinadi. Agar eshakni qaytarib sotib olmaslikka qaror qilsangiz, eshakning bo‘ynini sindirib o‘ldirishingiz kerak. Sizlar Egamizdan hamma to‘ng‘ich o‘g‘illarni ham qaytarib sotib olishingiz lozim. Har kim Mening huzurimga munosib nazrlar olib kelishi lozim. Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun esa ish qilmanglar. Hatto ekin–tikin paytida va o‘rim paytida ham dam olinglar. Har yili bug‘doy o‘rimini yig‘ishtirishni boshlaganingizda, dalangizga ekkan urug‘ning ilk hosilidan nazr qilinglar. Shu orqali Hosil bayramini nishonlanglar. Kuzda Chayla bayramini nishonlanglar. Hamma erkaklaringiz har yili uchala bayramda Isroil xalqining Xudosi, Men, Egangiz Rabbiyning huzuriga kelib sajda qilsin. Sizlarning yeringizdan xalqlarni quvaman, chegaralaringizni kengaytiraman. Har yili uch marta Men, Egangiz Xudoga, sajda qilishga kelganingizda, sizlarning mulkingiz bo‘lgan yerni hech kim bosib olmaydi. Menga qilingan qurbonlikning qonini xamirturush qo‘shilgan non bilan birga nazr qilmanglar. Fisih ziyofati qurbonligi go‘shtini ertalabgacha qoldirmanglar. Yeringizdan olgan ilk hosilning eng yaxshisini Men, Egangiz Xudoning uyiga olib kelinglar. Uloqchani onasining sutida qaynatmanglar.” Keyin Egamiz Musoga: — Bu so‘zlarni yozib ol! — deb amr qildi. — Shu so‘zlarga binoan Men sen bilan hamda Isroil xalqi bilan ahd tuzaman. Muso o‘sha yerda Egamizning huzurida yemay–ichmay, qirq kechayu qirq kunduz bo‘ldi. Egamiz ikkita tosh lavhaga ahd so‘zlarini — o‘nta amrni yozdi. Xudo Muso bilan gaplashgani uchun, u qo‘lida ikkita lavhani olib tog‘dan tushayotganda, yuzlaridan nur sochilayotgan edi. Musoning o‘zi buni bilmasdi. Horun ham, jamiki Isroil xalqi ham Musoni ko‘rib, uning yuzidan nur yog‘ilib turgani uchun birortasi unga yaqin kelishga qo‘rqardi. Muso Horunni va barcha jamoa oqsoqollarini chaqirdi, ular Musoning oldiga kelishdi. Muso ular bilan gaplashgandan keyin, jamiki Isroil xalqi unga yaqinroq keldi. Muso Sinay tog‘ida Egamiz bergan amrlarni bajarishni xalqqa buyurdi. Muso ular bilan gaplashib bo‘lgandan keyin, yuziga yopinchiq yopib oldi. Muso Egamizga gapirish uchun Uning huzuriga borganda, yuzini yopib olardi. U chiqib, Egamiz, ayt, deb aytgan hamma amrni Isroil xalqiga yetkazardi. Shunda Isroil xalqi Musoning yuzi hamon nur sochib turganini ko‘rardi. So‘ngra Muso keyingi safar Egamiz bilan gaplashish uchun borgungacha yopinchiqni olib qo‘yardi. So‘ngra Muso Isroil xalqining butun jamoasini to‘plab, ularga gapirdi: — Sizlarga Egamizning amri shunday: “Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun — Shabbat kuni esa hamma ishlardan tinib, Egamizga atab ajratilgan kundir. Kimki Shabbat kuni ishlasa, o‘sha odamning jazosi o‘lim. Shabbat kuni bironta maskaningizda ham olov yoqmanglar.” Keyin Muso Isroil xalqining butun jamoasiga aytdi: — Egamiz sizlarga quyidagilarni amr etdi: “Men, Egangizga, chin ko‘ngildan nazr qiladigan odam nazrini olib kelsin. Xalq Menga quyidagilarni nazr qilsin: oltin, kumush, bronza, ko‘k, safsar, qirmizi rangli ip, mayin zig‘ir matosi, echki juni, qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisi, yumshoq teri, akas yog‘ochi, moychiroqlar uchun zaytun moyi, muqaddas qiladigan moy uchun ziravorlar, xushbo‘y hidli tutatqi uchun ziravorlar, efod va ko‘krakpechga taqiladigan aqiq hamda boshqa qimmatbaho toshlar. Oralaringizdan mohir ustalar kelib, Men, Egangiz, amr qilgan Muqaddas chodirni yasasin. Chodir quyidagi ashyolardan iborat bo‘lsin: chodirning ichki qavati, uning yopinchiqlari, ilgaklari, romlari, tambalari, ustunlari va tagliklari, sandiq, uning xodalari, qopqog‘i va sandiqni to‘sib turadigan ichki parda, xontaxta, uning xodalari, hamma buyumlari va unga qo‘yiladigan muqaddas nonlar, yorug‘ bo‘lishi uchun chiroqpoya, uning buyumlari, moychiroqlari va moychiroqlar uchun zaytun moyi, tutatqi qurbongohi va uning xodalari, muqaddas qiladigan moy va xushbo‘y hidli tutatqi, Muqaddas chodirga kiraverishdagi parda, qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh, uning bronza panjarasi, xodalari va hamma buyumlari, qo‘lyuvgich va uning tagligi, hovlini to‘sib turadigan pardalar, ustunlari, tagliklari va hovliga kiraverishdagi parda, Muqaddas chodir bilan hovli uchun qoziqlar va arqonlar, Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyish uchun ruhoniylarga ajoyib qilib tikilgan liboslar — ruhoniy Horun va uning o‘g‘illari uchun muqaddas liboslar.” Shunday qilib, Isroil xalqining butun jamoasi Musoning yonidan qaytib ketdi. Yuragi zavq–shavqqa to‘lgan har bir odam borib, Uchrashuv chodirini va chodirda doimiy xizmatlarda foydalaniladigan ashyolarni qilish uchun, muqaddas ruhoniylik liboslarini tikish uchun Egamizga nazrlar olib kelishdi. Shunday qilib, hamma yuragi zavq–shavqqa to‘la erkagu ayol har turli oltin taqinchoqlarni — jig‘a, sirg‘a, uzuk, marjonlarni olib kelishdi. Kimda ko‘k, safsar va qirmizi rangli ip, mayin zig‘ir matosi, echki juni, qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisi, yumshoq teri bo‘lsa, olib keldi. Kim kumush yoki bronzani Egamizga nazr qilishga qodir bo‘lsa, uni olib kelib, Egamizga nazr qildi. Kimda akas yog‘ochi bo‘lsa, chodirni va uning ashyolarini tayyorlashda foydalangani olib keldi. Ip yigirishga mohir ayollar o‘z qo‘llari bilan yigirgan ko‘k, safsar va qirmizi rangli ipni va mayin zig‘irdan yigirilgan ipni nazr qilib olib kelishdi. Echki junidan ip yigirishga mohir ayollar yuragi zavq–shavqqa to‘lib, echki junidan ip yigirib olib keldilar. Oqsoqollar efod va ko‘krakpechga taqish uchun aqiq va boshqa qimmatbaho toshlar, shuningdek, moychiroqlar, muqaddas qiladigan moy uchun ziravorlar, xushbo‘y hidli tutatqi uchun ziravorlar va zaytun moyi olib kelishdi. Isroil xalqining yuragi zavq–shavqqa to‘la erkagu ayoli Muso orqali Egamiz amr etgan hamma ishni bajargani Egamizga ko‘ngildan chiqarib nazrlar olib kelishdi. Keyin Muso Isroil xalqiga aytdi: “Ana, Egamiz Yahudo qabilasidan Urining o‘g‘li, Xurning nabirasi Bazalilni tanladi. Egamiz uni O‘z Ruhi bilan to‘ldirib, hunarmandchilikning hamma turi bo‘yicha mohir, idrokli qildi, qobiliyat ato qildi. U ajoyib badiiy bezaklar qilishga va bularga oltin, kumush va bronza bilan ishlov berishga, qimmatbaho toshlarni o‘yib ishlov berib jihozlashga, yog‘och o‘ymakorligiga, badiiy hunarmandchilikka layoqatli qildi. Egamiz Bazalilga va Dan qabilasidan Oxisamaxning o‘g‘li Oxoliyovga o‘z mahoratini boshqalarga o‘rgatish iqtidorini ato qildi. Bu odamlar har qanday ishni bajara olsin, deb Egamiz ularga mahorat ato qildi. Ular har qanday ashyodan har turli buyumlar qilishga qodirdir. Ular ijod qilib, buyumlar yasay oladilar, to‘qishni biladilar, ko‘k, safsar, qirmizi iplardan foydalanib, mayin zig‘ir matosiga naqsh solishni biladilar. Ular har turli ishlarni bajarishga mohir hunarmanddir. Bazalil, Oxoliyov va boshqa hamma iqtidorli ustalar Egamiz amr etgan hamma ishlarni bajarsinlar. Muqaddas chodir yasashda talab qilingan har qanday xizmatni bajarishlari uchun Egamiz ularga mahorat va qobiliyat ato qilgan.” Muso Bazalilni, Oxoliyovni va Egamiz qobiliyat ato qilgan hamma iqtidorli ustalarni, yuragi zavq–shavqqa to‘lgan odamlarni chaqirdi. Muqaddas chodirni yasash uchun Isroil xalqi olib kelgan hamma nazrlarni Muso ustalarga berdi. Bulardan tashqari, xalq har kuni ertalab Musoga ko‘ngildan chiqarib nazrlar olib kelishardi. Ishlarni bajarayotgan hamma ustalar yumushlarini qoldirib, Musoning oldiga kelib aytishdi: — Egamiz bizga amr etgan ishlar uchun xalq yetarlisidan ortiq olib kelyapti. Shunda Muso: “Bironta erkak, ayol endi Muqaddas chodir uchun nazr olib kelmasin”, deb buyruq berdi. Uning buyrug‘i qarorgoh bo‘ylab e’lon qilindi. Shundan keyin xalq nazr olib kelishni to‘xtatdi. Xalqning olib kelgan nazrlari ishning hammasini bajarishga yetib, hatto ortib ham qolar edi. Ishlayotganlar orasidagi eng mohir odamlar Muqaddas chodirni yasadilar: Mohir tikuvchilar Bazalilning ko‘rsatmasi bilan chodirning ichki qavatini qildilar. U mayin zig‘ir matosidan tikilgan o‘nta choyshabdan iborat bo‘ldi. Ko‘k, safsar va qirmizi iplar bilan karublar tasvirini mahorat bilan ishlab bu choyshablarni bezadilar. Har bir choyshabning bo‘yi yigirma sakkiz tirsak, eni to‘rt tirsak edi. Hamma choyshablarning o‘lchovi bir xil edi. Ular choyshablardan beshtasining bo‘yini bir–biri bilan birlashtirib tikdilar, qolgan beshtasini ham shunday qildilar. [11-12] Ulangan ikki bo‘lak choyshabning bir bo‘yiga ko‘k matodan qilingan elliktadan halqa tikdilar. Har ikki tomonga tikilgan halqalar bir–biriga ro‘parama–ro‘para edi. *** Keyin oltindan ellikta ilgak yasadilar, ikkala choyshabning halqalarini ilgaklar bilan bir–biriga uladilar. Shunda chodirning ichki qavati bir butun bo‘ldi. Muqaddas chodirning qoplamasi uchun echki juni matosidan o‘n bitta choyshab tikdilar. Har bitta choyshabning bo‘yi o‘ttiz tirsak, eni to‘rt tirsak edi. O‘n bitta choyshabning hammasi bir o‘lchovda edi. Choyshablardan beshtasining bo‘yini bir–biri bilan birlashtirib tikdilar, qolgan oltitasini ham shunday qildilar. Ulangan ikki bo‘lak choyshabning bir bo‘yiga elliktadan halqa tikdilar. Keyin, chodirning qoplamasi bir butun bo‘lsin, deb ikkala choyshabni birlashtirish uchun bronzadan ellikta ilgak yasadilar. Bu qoplama ustiga qo‘yish uchun qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisidan qoplama, so‘ng yumshoq teridan tashqi qoplama qildilar. Akas yog‘ochidan Muqaddas chodirni tutib turadigan romlar yasadilar. Har bir romning bo‘yi o‘n tirsak, eni bir yarim tirsak edi. Har bir romning ostida bir–biriga parallel bo‘lgan ikkita tirgak yasadilar. Chodirning janub tomonidagi devor uchun yigirmata rom yasadilar. Bu romlar ostiga qo‘yish uchun kumushdan qirqta taglik — har bir rom uchun ikkitadan taglik qildilar, har bir tirgak ostida bitta taglik bo‘ldi. Chodirning shimol tomonidagi devor uchun yigirmata rom yasadilar. Har bir rom ostiga qo‘yish uchun ikkitadan — qirqta kumush taglik yasadilar. Chodirning orqadagi — g‘arb tomonidagi devor uchun oltita rom, chodirning orqasida burchaklar hosil qilish uchun har ikki tomoniga yana bittadan rom yasadilar. Bu ikkala romni pastdan va yuqoridan tutashgan devordagi oxirgi romga birlashtirdilar. Bitta burchak hosil qilishi uchun bitta halqa bilan yaxlit qilib birlashtirdilar. Har ikkala burchak shu yo‘l bilan hosil qilindi. Shunday qilib, o‘n oltita kumush taglikka tayangan sakkizta romdan orqadagi devor qilindi, har bir rom ostiga qo‘yish uchun ikkitadan taglik qilindi. Muqaddas chodirning janub tomonidagi romlarni ushlab turish uchun akas yog‘ochidan beshta tamba, shimol tomonidagi romlarni ushlab turish uchun ham beshta tamba, orqa tomoni — g‘arb tomonidagi romlarni ushlab turish uchun ham beshta tamba yasadilar. Romlarning yarmigacha o‘rnashtirilgan o‘rtadagi tambalar chodirning boshidan oxirigacha cho‘zildi. Romlarni oltin bilan qoplab, tambalarni ushlab tursin, deb oltin halqalarni romlarga birlashtirdilar, tambalarni ham oltin bilan qopladilar. Mayin zig‘ir matosidan tikilgan ichki pardani qildilar. Ko‘k, safsar va qirmizi iplar bilan karublar tasvirini mahorat bilan ishlatib, bu pardani bezatdilar. Ichki parda ushlab turilishi uchun akas yog‘ochidan to‘rtta ustun yasadilar. Ustunlarga oltin qoplab, ularga oltin ilgaklarni mahkamladilar. Ustunlar uchun eritilgan kumushdan to‘rtta taglik yasadilar. Chodirga kirish joyi uchun mayin zig‘ir matosidan tikilgan parda qildilar. Uni ko‘k, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan tikib bezatdilar. Bu parda ushlab turilishi uchun beshta ustun yasadilar. Ustunlarning tepasini va halqalarini oltin bilan qopladilar. Ustunlarning beshta tagligini esa bronzadan qildilar. Bazalilning ko‘rsatmasi bilan akas yog‘ochidan sandiq yasadilar. Sandiqning uzunligi ikki yarim tirsak, eni bir yarim tirsak, bo‘yi bir yarim tirsak edi. Sandiqning ichkariyu tashqarisini toza oltin bilan qoplab, aylanasi bo‘ylab oltin gulchambar qildilar. Sandiq uchun eritilgan oltindan to‘rtta halqa yasab, to‘rtala oyog‘iga mahkamladilar: ikkita halqa bir tomonida, ikkita halqa ikkinchi tomonida edi. Keyin akas yog‘ochidan xodalar yasab, xodalarni oltin bilan qopladilar. Sandiqning ikkala tomonidagi halqadan sandiqni ko‘tarib yurish uchun xodalarni o‘tkazdilar. Toza oltindan sandiqning qopqog‘ini yasadilar. Bu qopqoqning uzunligi ikki yarim tirsak, eni bir yarim tirsak edi. Shu bilan birga, oltindan ikkita karub yasadilar: ikkala karubni ham qopqoqning ikki chetiga zarb urib yasadilar. Bitta karub qopqoqning bir chetida, ikkinchi karub ikkinchi chetida bo‘lib, har ikkalasi qopqoq bilan bir butunni tashkil qildi. Karublarning tepaga ko‘tarilgan qanotlari qopqoqni berkitib turardi. Ular yuzma–yuz turib, qopqoqqa qaragan edi. Akas yog‘ochidan xontaxta yasadilar. Xontaxtaning uzunligi ikki tirsak, eni bir tirsak, bo‘yi bir yarim tirsak edi. Xontaxtani toza oltin bilan qoplab, chetlariga aylantirib oltin gulchambar yasadilar. Yana xontaxtaning aylanasi bo‘ylab to‘rt enli qilib oltin bilan qoplangan taxta qilib, uni xontaxta oyoqlariga mahkamladilar. Oltin gulchambarni xontaxtaning aylanasi bo‘ylab taxta ustiga qildilar. [13-15] Yana eritilgan oltindan to‘rtta halqa yasab, har birini taxta mahkamlangan joyning yoniga — to‘rtala burchagidagi to‘rtala oyog‘iga o‘rnashtirdilar. Akas yog‘ochidan ikkita xoda yasab, ularni oltin bilan qopladilar. Bu xodalarni halqalardan o‘tkazib, xontaxtani ko‘tarib yurish uchun foydalanilar edi. *** *** Xontaxtaga qo‘yiladigan buyumlarni — lagan, piyolalar, sharob nazr qilish uchun kosa va ko‘zalarni toza oltindan yasadilar. Toza, zarb qilingan oltindan chiroqpoya yasadilar. Butun chiroqpoyani va uning bezaklarini bir butun qilib yasadilar. Chiroqpoyaning tagligi, tanasi, kurtakli gulga o‘xshash shakldagi piyolalari bor edi. Yana chiroqpoyaning tanasidan oltita shoxcha chiqarildi: uchta shoxchasi bir yonidan, uchta shoxchasi ikkinchi yonidan chiqarildi. Chiroqpoyaning tanasidan chiqadigan shoxchalarning har birida kurtakli bodom guliga o‘xshash shakldagi uchta piyola bor edi. Chiroqpoyaning tanasida kurtakli bodom guliga o‘xshash shakldagi to‘rtta piyola bor edi. Chiroqpoyaning tanasidan chiqadigan shoxchalarning har juftida bu kurtaklardan uchtasi birin–ketin tizilib turardi. Chiroqpoyani shoxchalari va kurtaklari bilan bitta qilib zarb qilingan toza oltinning yaxlit bo‘lagidan yasadilar. Chiroqpoyaga yettita moychiroq yasadilar. Moychiroqlarga qarab turishda foydalangani toza oltindan qisqichlar va patnislar yasadilar. Chiroqpoya bilan uning hamma buyumlarini ikki pud toza oltindan yasadilar. Akas yog‘ochidan tutatqi qurbongohi yasadilar. Qurbongoh to‘rtburchak bo‘lib, uzunligi bir tirsak, eni ham bir tirsak, bo‘yi esa ikki tirsak edi. Qurbongohning shoxlari o‘zidan yo‘nib chiqarildi. Qurbongohning ustini, yon atrofini, shoxlarini toza oltin bilan qopladilar, aylanasi bo‘ylab oltindan gulchambar yasadilar. [27-28] Qurbongohning ikki tomonidagi gulchambarning ostiga ikkita oltin halqa o‘rnashtirdilar. Akas yog‘ochidan ikkita xoda yasab, ularni oltin bilan qopladilar. Bu xodalarni halqalardan o‘tkazib, qurbongohni ko‘tarib yurish uchun foydalanilar edi. *** Usta odam muqaddas qiladigan moy va toza, xushbo‘y hidli tutatqi tayyorladi. Akas yog‘ochidan to‘rtburchak qilib kuydiriladigan qurbonlik uchun qurbongoh yasadilar. Qurbongohning uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, bo‘yi uch tirsak edi. Qurbongohning to‘rtala burchagiga o‘zidan yo‘nib chiqarilgan shox yasadilar. Qurbongoh va uning shoxlarini bronza bilan qopladilar. Qurbongohning hamma buyumlari — qozonlarni, kuraklarni, tog‘orachalarni, sanchqilarni va olovkuraklarni bronzadan yasadilar. Qurbongohga bronzadan panjara yasadilar. Panjarani qurbongohning ichiga — o‘rnatilgan bo‘rtiqning ostida o‘rnatdilar, yarmigacha yetib bordi. Bronza panjaraning to‘rtala burchagiga xodalarni o‘tkazish uchun eritilgan bronzadan to‘rtta halqa yasadilar. Akas yog‘ochidan xodalar yasab, xodalarni bronza bilan qopladilar. Qurbongohni xodalar yordamida ko‘tarib yurish uchun qurbongoh yonlaridagi halqalarga xodalarni o‘tkazib qo‘ydilar. Qurbongohning chetlariga taxta qoqib, ichini bo‘sh qoldirdilar. Uchrashuv chodiriga kiraverishda xizmat qilgan ayollar hadya qilgan bronza oynalardan ular bronza qo‘lyuvgichni va uning tagligini yasadilar. So‘ngra Muqaddas chodirning hovlisini o‘rab tursin, deb pardadan to‘siq qildilar: to‘sib turadigan pardalarni mayin zig‘ir matosidan qildilar. Hovlining janub tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi yuz tirsak edi. O‘sha to‘siqda yigirmata bronzadan qilingan taglikka yigirmata ustun o‘rnatilgan edi. Shu yerdagi pardalarni ushlab turish uchun ustunlarga kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamladilar. Hovlining shimol tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi ham yuz tirsak, uning yigirmata ustuni va bronzadan qilingan tagligi bor edi. Uning pardalarini ushlab turish uchun ustunlariga ham kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamladilar. Hovlining g‘arb tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi ellik tirsak, uning o‘nta ustuni va tagligi bor edi. Uning pardalarini ushlab turish uchun ustunlariga ham kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamladilar. Hovlining sharq tomoni ellik tirsak kenglikda edi. [14-15] Hovlining kirish joyi shu yer edi. Kirishning o‘ng va chap tomonidagi pardadan qilingan to‘siqning uzunligi o‘n besh tirsakdan, har ikki tomonda uchtadan ustun va tagliklar bor edi. *** Hovlining hamma tomonidagi to‘sib turadigan pardalarni mayin zig‘ir matosidan qildilar, ustunlarning tagligini bronzadan, ilgaklari va halqalarini kumushdan qildilar. Ustunlarning tepasini kumush bilan qopladilar. Hovlining hamma ustunlarida kumush halqalar bor edi. Hovliga kirish joyi uchun parda qildilar. Uni mayin zig‘ir matosidan qilib, ko‘k, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan tikib bezatdilar. Bu pardaning eni yigirma tirsak, bo‘yi hovlining to‘sib turadigan pardalari kabi, besh tirsak edi. Bu pardani to‘rtta taglikka o‘rnatilgan to‘rtta ustun tirab turdi. Ustunlarning tagligini bronzadan, ilgaklari va halqalarini kumushdan qildilar. Ustunlarning tepasini kumush bilan qopladilar. Muqaddas chodirni va pardadan qilingan to‘siqni ushlab turadigan barcha qoziqni ham bronzadan qildilar. [21-23] Egamizning Musoga bergan amriga ko‘ra, Yahudo qabilasidan Urining o‘g‘li, Xurning nabirasi Bazalil hamma ishlarni bajarib bo‘ldi. Dan qabilasidan bo‘lgan Oxisamax o‘g‘li Oxoliyov uning yonida bo‘ldi. U hunarmand bo‘lib, ijod qilar, buyumlar yasay olardi, ko‘k, safsar, qirmizi iplardan foydalanib, mayin zig‘ir matosiga naqsh solishni bilardi. Musoning ixtiyoridagi ruhoniy Horunning o‘g‘li Itamar nazorati ostida Levi qabilasi ishda foydalanilgan oltin, kumush va bronzaning hisobini olib borgan edi. Muqaddas ahd chodirini yasashda ishlatilgan oltin, kumush va bronza hisobi quyidagicha edi: *** *** Chodir yasalishiga sarf qilingan oltinning jami 62,5 pud edi. Xalq Egamizga nazr qilgan oltinning hisobi shuncha edi. Sanab chiqilgan xalqdan yig‘ilgan kumushning jami hisoblab chiqilganda, 211 pud bo‘ldi. Bu miqdor hisoblab chiqilgan yigirma va undan yuqori yoshdagi 603.550 odamning har biriga 1,25 misqoldan to‘g‘ri kelardi. 210 pud kumush eritilib, chodirning romlari va ichki pardani ushlab turadigan ustunlar uchun 100 ta taglik qilishga ishlatildi, har bir taglik uchun 2,1 pud kumush sarf qilindi. Qolgan 1 pud kumush hovli atrofidagi ustunlar uchun ilgaklar va halqalar yasashga, ustunlarning tepasini qoplashga ishlatildi. Xalq Egamizga nazr qilgan bronzaning miqdori 151 pud edi. [30-31] Quyidagi ashyolarni yasashda o‘sha bronza ishlatildi: Uchrashuv chodiriga kiraverishdagi ustunlar uchun tagliklarni, bronza qurbongoh bilan uning bronza panjarasini, uning hamma buyumlarini, hovlining atrofidagi pardalarni ushlab turadigan ustunlar uchun tagliklarni, hovliga kiraverishdagi parda uchun tagliklarni, Muqaddas chodir bilan atrofdagi pardadan qilingan to‘siqni ushlab turadigan barcha qoziqni. Ular ko‘k, safsar va qirmizi ipdan Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyish uchun ruhoniylarga liboslarni ajoyib qilib tikdilar. Horunga muqaddas ruhoniylik liboslari tikishdi. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Ular efodni mayin zig‘ir matosidan qilib, ko‘k, safsar va qirmizi iplardan va oltindan qilingan ipdan unga naqsh soldilar. Oltinni yupqa qilib yoyib, ingichka–ingichka qilib kesib, oltin ip qilishdi. Ular mahoratlarini ishga solib ko‘k, safsar, qirmizi ipdan naqsh solingan mayin zig‘ir matosini bu oltin ip bilan bezatdilar. Efodning old va orqa qismlarini bir–biriga bog‘lash uchun ikkita yelka bog‘ichini qilib, ularni old va orqa qismlarining ustki chetiga tikdilar. Kamar yasab, uni efodga bog‘ladilar. Kamarni ham mayin zig‘ir matosidan qildilar. Unga ko‘k, safsar, qirmizi rangli iplardan va oltindan qilingan ipdan mahorat bilan naqsh soldilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Keyin muhr o‘yganday qilib, Isroil o‘g‘illarining ismini ikkita aqiq toshga o‘yib yozdilar. Yozilgan toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalar ichiga qo‘yib, Isroilning o‘n ikki qabilasini eslatib turish uchun efodning yelka bog‘ichlariga o‘rnashtirdilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Ular ko‘krakpechni yasadilar. Ko‘krakpechni, efod singari, mayin zig‘ir matosidan qilib, ko‘k, safsar va qirmizi iplardan va oltindan qilingan ipdan unga mahorat bilan naqsh soldilar. Ko‘krakpechni to‘rtburchak xalta shaklida, ikki buklangan, bo‘yi bir qarich, eniga ham bir qarich qilib yasadilar. Ko‘krakpechga to‘rt qator toshni to‘g‘ri qilib terdilar: qizil yoqut, xrizolit va zumrad toshlarni birinchi qatorga terdilar. Ikkinchi qatorga firuza, zangori yoqut va olmosni terdilar. Uchinchi qatorga lojuvard, agat va ametist toshlarni terdilar. To‘rtinchi qatorga topaz, aqiq va yashma toshlarni terdilar. Hamma toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalarga o‘rnashtirdilar. Bu o‘n ikki tosh Isroilning o‘n ikki qabilasini eslatib turardi. Muhr o‘yganday qilib, Isroilning o‘n ikki o‘g‘lidan har birining ismini bu toshlarning har biriga o‘yib yozdilar. Ular ko‘krakpechni efodga bog‘lash uchun toza oltindan ipga o‘xshatib eshilgan ikkita zanjir yasadilar. Yana naqshli ikkita oltin uya va ikkita oltin halqa yasab, ikkala halqani ko‘krakpechning ustki burchaklariga mahkamladilar. Ikkala oltin zanjirning bir uchini ko‘krakpechdagi halqalarga bog‘lab, ikkinchi uchini naqshli oltin uyalarga mahkamladilar. Uyalarni efodning old tomonidagi yelka bog‘ichlariga o‘rnashtirdilar. [19-20] Yana oltindan to‘rtta halqa yasadilar. Ikkitasini ko‘krakpechning ostki burchaklariga — efodga yaqin bo‘lgan ichki qirg‘og‘iga mahkamladilar. Ikkitasini efodning old tomoniga, ikkala yelka bog‘ichining pastiga — naqshli kamar ustidagi joyga mahkamladilar. *** Ko‘krakpech efodning naqshli kamari ustida bo‘lsin, efoddan osilib turmasin, deb ko‘krakpechni halqalari yordamida efodning halqalariga ko‘k bog‘ich bilan mahkamladilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Efodning ridosini ko‘k ipdan to‘qilgan matodan qildilar. Ridoning o‘rtasidan bosh sig‘adigan teshik qildilar. Rido yirtilib ketmasligi uchun teshikning qirg‘og‘ini to‘qidilar. [24-26] Rido etagining uchiga aylanasi bo‘ylab anor shaklini va qo‘ng‘iroqchalarni birin–ketin qilib bittama–bitta osib chiqdilar. Anor shakli yigirilgan ko‘k, safsar, qirmizi ipdan qilingan edi. Qo‘ng‘iroqchalar toza oltindan qilingan bo‘lib, anor shakli oralariga osilgan edi. Horun oliy ruhoniy bo‘lib xizmat qilganda, u shu ridoni kiyishi kerak edi. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. *** *** Horun bilan uning o‘g‘illariga mayin zig‘ir matosidan ko‘ylaklarni, sallani, peshanabog‘larni va ishtonlarni qildilar. Belbog‘ini mayin zig‘ir matosidan qilib, ko‘k, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan tikib bezatdilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Toza oltindan lavhani — muqaddaslik ramzini yasadilar. Lavhaning yuzasiga muhr o‘yganday, “Egamizga bag‘ishlangan”, deb o‘yib yozdilar. Lavhani sallaga mahkamlash uchun ko‘k bog‘ichni lavhaga bog‘lab qo‘ydilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Shunday qilib, Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodir yasalishiga oid hamma ishlar nihoyasiga yetdi. Isroil xalqi hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Keyin Musoning oldiga quyidagilardan iborat Muqaddas chodirni olib keldilar: chodirning ichki qavatini va uning hamma qismlarini — ilgaklarini, romlarini tambalarini, ustunlari va tagliklarini, qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisidan yopinchiqni, yumshoq teridan yopinchiq va Eng muqaddas xonani to‘sib turadigan ichki pardani, ahd sandig‘ini, uning xodalari va qopqog‘ini, xontaxtani, uning hamma buyumlarini va unga qo‘yiladigan muqaddas nonlarni, toza oltindan qilingan chiroqpoya, unga o‘rnatilgan moychiroqlarni, uning hamma buyumlarini va moychiroqlar uchun zaytun moyini, oltin tutatqi qurbongohini, muqaddas qiladigan moy va xushbo‘y hidli tutatqini, chodirga kiraverishdagi pardani, bronza qurbongohni, uning bronza panjarasini, xodalari va hamma buyumlarini, qo‘lyuvgichni va uning tagligini, hovlini to‘sib turadigan pardalarni, ustunlarini, tagliklarini va hovliga kiraverishdagi pardani, chodir va hovli uchun qoziqlarni, arqonlarni, Muqaddas chodir — Uchrashuv chodirida foydalanadigan hamma ashyolarni, Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyish uchun ruhoniylarga ajoyib qilib tikilgan liboslar — ruhoniy Horun va uning o‘g‘illari uchun muqaddas liboslarni. Xullas, Isroil xalqi hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. Muso qilingan hamma ishlarni ko‘zdan kechirdi, Isroil xalqi bu ishlarni Egamizning amri bo‘yicha qilganlarini ko‘rib, Muso ularni duo qildi. Egamiz Musoga aytdi: “Birinchi oyning birinchi kuni Uchrashuv chodirini — Muqaddas chodirni o‘rnattir. So‘ng ahd sandig‘i chodirga olib kirilsin, sandiqni ichki parda bilan to‘sdir. Keyin xontaxta olib kirilsin. Xontaxtaga tegishli ashyolarni uning ustiga joylashtir. Chiroqpoya ham olib kirilsin, chiroqpoyaga moychiroqlarni o‘rnashtir. Oltin tutatqi qurbongohini ahd sandig‘i oldiga qo‘ydir. Muqaddas chodirga kiraverishda pardani osdir. Qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni Uchrashuv chodiriga — Muqaddas chodirga kiraverishda o‘rnashtir. Qo‘lyuvgichni Uchrashuv chodiri bilan qurbongoh o‘rtasiga o‘rnashtirib, ichiga suv quydir. Chodir va qurbongohning atrofiga pardadan qilingan to‘siqni o‘rnashtirib, hovliga kiraverishdagi pardani osdir. Keyin muqaddas qiladigan moyni olib, chodirga va uning hamma ashyolariga surtib chiqib, Menga bag‘ishla. Shunda chodir muqaddas bo‘ladi. Qurbonlik kuydiriladigan qurbongohga va uning hamma buyumlariga ham moy surtib, Menga bag‘ishla. Shunda qurbongoh g‘oyat muqaddas bo‘ladi. Qo‘lyuvgichga va uning tagligiga ham moy surtib, Menga bag‘ishla. Horun bilan o‘g‘illarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel. Hammalarini suv bilan yuv. So‘ng Horun ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilishi uchun bag‘ishla: unga muqaddas ruhoniylik liboslarini kiygizib, moy surt. Shundan keyin Horunning o‘g‘illarini ham olib kelib, ularga ko‘ylak kiygiz. Otasiga moy surtganingday, ularga ham moy surt, toki ular ruhoniy bo‘lib, Menga xizmat qilishsin. Horun va uning o‘g‘illariga moy surtish bilan ularning o‘zlari ham, nasllari ham avlodlar osha Menga ruhoniy bo‘lib, xizmat qilishlari uchun sen ularga ijozat bergan bo‘lasan.” Muso Egamiz amr etgan hamma ishlarni bajarib bo‘ldi. [17-18] Ikkinchi yilning birinchi oyida, oyning birinchi kuni Muso Muqaddas chodirni o‘rnattirdi: u hamma tagliklarni joyiga qo‘ydirdi, romlarni o‘rnashtirib, tambalarni joylashtirdi, ustunlarni o‘rnashtirdi. *** So‘ngra chodirni tutib turadigan romlar ustiga choyshablar va qoplamalarni tashlatdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. Keyin ahdning amr va qonunlari yozilgan ikkita tosh lavhani olib, sandiqqa solib qo‘ydi. Xodalarni sandiq halqasidan o‘tkazgach, sandiqning qopqog‘ini sandiq ustiga o‘rnashtirdi. Sandiqni Muqaddas chodirga olib kirdi. Ichki pardani osib, ahd sandig‘ini to‘sdirib qo‘ydi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. Uchrashuv chodiriga — chodirning shimol tomoniga, ichki pardaning tashqarisiga xontaxtani qo‘ydirdi. Xontaxta ustiga — Egamizning huzuriga muqaddas nonlarni qo‘ydi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. Uchrashuv chodiriga — xontaxtaning ro‘parasiga, chodirning janub tomoniga chiroqpoyani qo‘ydirdi. Egamizning huzuriga — chiroqpoyaga moychiroqlarni o‘rnashtirdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. Uchrashuv chodiridagi ichki pardaning tashqarisiga oltin tutatqi qurbongohini qo‘ydirdi. Qurbongohda xushbo‘y hidli tutatqi tutattirdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. Muqaddas chodirga kiraverishda pardani osdirdi. Uchrashuv chodiriga — Muqaddas chodirga kiraverishda qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni o‘rnashtirdi. So‘ng qurbonlik bilan don nazri keltirib, qurbongohda kuydirdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. Uchrashuv chodiri bilan qurbongoh o‘rtasiga qo‘lyuvgichni o‘rnashtirib, yuvinish uchun ichiga suv quydirdi. [31-32] Muso, Horun va Horunning o‘g‘illari Uchrashuv chodiriga kirganlarida yoki qurbongohda nazrlarni kuydirganlarida, qo‘lyuvgichdagi suv bilan oyoq–qo‘llarini yuvishardi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi. *** So‘ngra Muso chodir bilan qurbongohning atrofiga pardadan qilingan to‘siqni o‘rnashtirib, hovliga kiraverishda pardani osdirdi. Shunday qilib, Muso ishini tugatdi. [34-35] Keyin Uchrashuv chodirini — Muqaddas chodirni bulut qopladi, Egamiz ulug‘vorligi bilan zohir bo‘lib chodirni to‘ldirdi. Shuning uchun Muso chodirga kira olmadi. *** Chodirdan bulut ko‘tarilganda, Isroil xalqi har bir to‘xtagan joyidan yo‘lga chiqib sayohatini davom ettirardi. Bulut ko‘tarilmasdan, to bulut ko‘tariladigan kun kelmaguncha, ular yo‘lga chiqishmasdi. Shunday qilib, Isroil xalqi butun sayohatlari davomida kunduzi Muqaddas chodir ustida Egamiz zohir bo‘ladigan bulutni, kechasi chodir tepasidagi bulut ichida yonayotgan alangani ko‘rardilar. Egamiz Uchrashuv chodiridan Musoni chaqirib, unga Isroil xalqi uchun quyidagi qonunlarni berdi: birontangiz Egamizga qurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, podangizdagi yoki suruvingizdagi hayvonni olib keling. Bordi–yu, qoramol podasidan birorta hayvonni qurbonlik qilib, kuydirmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz bir buqani tanlab oling. Egamiz bu qurbonligingizni qabul qilishi uchun buqani Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keling. Qo‘lingizni kuydiriladigan hayvonning boshiga qo‘ying, shunda Egamiz sizni gunohingizdan poklash uchun bu qurbonligingizni qabul qiladi. So‘ng buqani Egamizning oldida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari buqaning qonini keltirib, Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin. Siz esa kuydiriladigan qurbonlikning terisini shilib, tanasini bo‘laklarga bo‘ling. Ruhoniy Horunning o‘g‘illari qurbongohga cho‘g‘ solib, ustiga o‘tin qalashsin. So‘ng qurbonlikning bo‘laklarini, shuningdek, kallasini va yog‘larini qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘yishsin. Siz esa qurbonlikning ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuving. So‘ng ruhoniy bularning hammasini qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi. Bordi–yu, siz suruvingizdagi qo‘y yoki echkini qurbonlik qilib kuydirmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz qo‘chqor yoki takani olib keling. Uni qurbongohning shimol tomonida, Egamizning oldida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin. Siz qurbonlikni bo‘laklarga bo‘ling. Ruhoniy esa bo‘laklarni qurbonlikning kallasi va yog‘lari bilan birga qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘ysin. Siz qurbonlikning ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuving. Ruhoniy bularning hammasini keltirib, qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi. Agar qushni Egamizga qurbonlik qilib, kuydirmoqchi bo‘lsangiz, kaptar yoki musichani olib keling. Ruhoniy uni qurbongoh oldiga olib kelib, bo‘ynini uzsin, so‘ng boshini qurbongohda kuydirsin. Qonini esa qurbongohning yoniga oqizsin. Jig‘ildonini ichidagi narsalari bilan birga sug‘urib olib, qurbongohning sharq tomoniga, kul turgan yerga tashlasin. Keyin qanotlaridan tortib, tanasini yarmigacha bo‘lsin, lekin ikki qismga ajratmasin. So‘ng uni qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘yib kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi. Agar birortangiz Egamizga don nazrini keltirmoqchi bo‘lsangiz, sifatli bug‘doy unini nazr qiling. Bug‘doy uniga zaytun moyini qo‘shib, ustiga xushbo‘y tutatqidan qo‘ying. So‘ng o‘sha bug‘doy unini Horunning ruhoniy o‘g‘illariga olib keling. Ruhoniy moy qo‘shilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. Don nazrining qolgani esa Horun va uning o‘g‘illariniki bo‘lsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi g‘oyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan olingandir. Agar tandirda yopilgan nonni don nazri sifatida keltirmoqchi bo‘lsangiz, zaytun moyiga qorilgan nonlarni yoki yuziga zaytun moyi surtilgan chalpaklarni nazr qiling. Ularni sifatli undan yopib, xamirturush qo‘shmang. Agar tovada pishirilgan nonni nazr qilmoqchi bo‘lsangiz, noningiz zaytun moyiga qorilgan sifatli undan yopilgan bo‘lsin. Unga xamirturush qo‘shmang. Nonni sindirib, ustiga zaytun moyidan quying. Bu don nazridir. Agar nazringiz qozonda tayyorlangan bo‘lsa, u sifatli undan tayyorlangan bo‘lib, zaytun moyida qovurilgan bo‘lishi kerak. Don nazringizni qaysi usulda tayyorlaganingizdan qat’iy nazar, uni Egamizga olib kelib, ruhoniyga bering. Ruhoniy esa uni qurbongohga olib borsin. Ruhoniy don nazringizning bir qismini olib, qurbongohda kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. Don nazringizning qolgani esa Horun va uning o‘g‘illariniki bo‘lsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi g‘oyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan olingandir. Egamizga keltiradigan don nazringizning birortasiga xamirturush qo‘shmang. Na xamirturushni, na qiyomni olovda kuydirib, Egamizga nazr qilmang. Xamirturush va qiyomni ilk hosil nazringizga qo‘shib, Egamizga keltirishingiz mumkin. Lekin Egamizga yoqimli hid borsin, deb bularni qurbongoh ustida kuydirmang. Don nazringizning hammasiga tuz qo‘shing. Zotan tuz — siz Xudoyingiz bilan tuzgan ahdni bildiradi. Shunday ekan, birorta nazringiz tuzsiz bo‘lmasin. Agar Egamizga ilk hosilingizdan don nazri keltirmoqchi bo‘lsangiz, qovurilgan yangi bug‘doy boshoqlarini tuyib, olib keling. Bu don nazri bo‘lgani uchun, unga zaytun moyini qo‘shib, ustiga xushbo‘y tutatqidan qo‘ying. Ruhoniy tuyilgan bug‘doyning bir qismini, ustidagi moy va hamma tutatqi bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Egamizga atab, olovda kuydirilgan nazr shudir. Agar podangizdagi birorta hayvonni tinchlik qurbonligi qilmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz sigir yoki buqani Egamiz oldiga olib keling. Qo‘lingizni qurbonlikning boshiga qo‘ying, so‘ng uni Uchrashuv chodirining kiraverishida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin. Siz tinchlik qurbonligining quyidagi qismlarini olovda kuydirib, Egamizga nazr qiling: ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larini va jigarning a’lo qismini. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. So‘ng Horunning o‘g‘illari bularni qurbongohda, yonib turgan o‘tin ustidagi kuydiriladigan qurbonlik bilan birga kuydirsinlar. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi. Agar Egamizga suruvingizdagi hayvonni tinchlik qurbonligi qilmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz urg‘ochi yoki erkak jonivorni olib keling. Qo‘yni qurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, uni Egamiz oldiga olib kelib, qo‘lingizni qurbonlikning boshiga qo‘ying. So‘ng uni Uchrashuv chodiri oldida so‘ying. Horunning o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin. Siz tinchlik qurbonligining quyidagi qismlarini olovda kuydirib, Egamizga nazr qiling: dumg‘azadan boshlab kesib olingan dumbasini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larini va jigarning a’lo qismini. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. Ruhoniy bularni taom nazri sifatida qurbongoh ustida kuydirsin. Egamizga keltirilib, olovda kuydiriladigan qurbonlik shudir. Agar Egamizga echkini qurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, uni Egamizning oldiga olib keling. Qo‘lingizni echkining boshiga qo‘yib, uni Uchrashuv chodiri oldida so‘ying. So‘ng Horunning o‘g‘illari echkining qonini qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin. Siz qurbonlikning quyidagi qismlarini olovda kuydirib Egamizga nazr qiling: ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larini va jigarning a’lo qismini. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. So‘ng ruhoniy bularning hammasini taom nazri sifatida qurbongoh ustida kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi. Yog‘ning hammasi Egamizga tegishlidir. Yog‘ va qonni tanovul qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, butun avlodingiz bu qonunga doimo rioya qilsin. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar birorta odam Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsa, quyidagicha ish tutsin: moy surtib tanlangan ruhoniy gunoh qilib qo‘ysa, u butun xalqni aybdor qilib qo‘ygan bo‘ladi. U qilgan gunohi uchun nuqsonsiz buqani gunoh qurbonligi sifatida Egamizga keltirsin. Buqani Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, qo‘lini buqaning boshiga qo‘ysin. So‘ng buqani o‘sha yerda — Egamizning oldida so‘ysin. Moy surtib tanlangan ruhoniy buqaning qonidan olib, Uchrashuv chodiriga olib kirsin. U barmog‘ini qonga botirib, qonni Egamizning oldida, Eng muqaddas xonani to‘sib turgan ichki parda tomonga yetti marta sepsin. So‘ng qonni Egamizning oldida Uchrashuv chodiridagi xushbo‘y tutatqi qurbongohi shoxlariga surtsin. Buqaning ortgan qonini esa Uchrashuv chodiriga kiraverishdagi qurbonlik kuydiriladigan qurbongohning yoniga to‘ksin. Gunoh qurbonligi qilingan buqaning hamma yog‘ini ajratib olsin: ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larni va jigarning a’lo qismini. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. Tinchlik qurbonligining yog‘lari qanday ajratib olinsa, gunoh qurbonligining yog‘lari ham shu usulda ajratib olinsin. Ruhoniy yog‘larni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh ustida kuydirsin. Buqaning qolgan qismlarini: terisini, go‘shtini, kallasini, oyoqlarini va ichak–chovoqlarini qarorgohning tashqarisidagi kul to‘kiladigan halol joyga olib chiqib, o‘tinlar ustida kuydirsin. Agar butun jamoa Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib, gunoh orttirib olsa, ular bundan xabarsiz bo‘lgan taqdirda ham, baribir aybdor bo‘ladilar. Qilgan gunohlari fosh bo‘lgandan keyin, ular butun jamoa nomidan gunoh qurbonligi qilish uchun buqani Uchrashuv chodiri oldiga olib kelishsin. Jamoa oqsoqollari buqaning boshiga qo‘llarini qo‘yib, uni o‘sha yerda — Egamizning oldida so‘yishsin. Moy surtib tanlangan ruhoniy buqaning qonidan Uchrashuv chodiriga olib kirsin. U barmog‘ini qonga botirib, qonni Egamizning oldida ichki parda tomonga yetti marta sepsin. So‘ng Egamizning oldida turgan Uchrashuv chodiridagi tutatqi qurbongohining shoxlariga qondan surtsin. Buqaning qolgan qonini esa Uchrashuv chodiriga kiraverishdagi qurbonlik kuydiriladigan qurbongohning yoniga to‘ksin. Keyin buqaning hamma yog‘ini ajratib olib qurbongoh ustida kuydirsin. Ruhoniyning gunohi uchun keltirilgan buqani nima qilgan bo‘lsa, bu buqani ham o‘shanday qilsin. Shu yo‘sin ruhoniy jamoani gunohdan poklasin, shunda ularning gunohi kechiriladi. So‘ng ruhoniy buqaning qolgan qismlarini qarorgohdan tashqariga olib chiqib, oldingi buqani kuydirganday kuydirsin. Jamoaning gunohi uchun keltiriladigan qurbonlik shudir. Agar hukmdor o‘z Egasi Xudoning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsa, u aybdor bo‘ladi. Qilgan gunohi fosh bo‘lgandan keyin, u nuqsonsiz bir takani qurbonlik qilish uchun olib kelsin. So‘ng qo‘lini takaning boshiga qo‘yib, takani Egamizning oldida, kuydiriladigan qurbonliklar bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. Bu gunoh qurbonligidir. Ruhoniy barmog‘ini gunoh qurbonligi qoniga botirib, qonni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh shoxlariga surtsin. Qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘ksin. So‘ng takaning hamma yog‘ini tinchlik qurbonligining yog‘ini kuydirganday qurbongoh ustida kuydirsin. Ruhoniy shu tariqa hukmdorni gunohdan poklasin, shunda hukmdorning gunohi kechiriladi. Agar jamoa a’zosi Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsa, u aybdor bo‘ladi. Qilgan gunohi fosh bo‘lgandan keyin, nuqsonsiz echkini qurbonlik qilish uchun olib kelsin. U qo‘lini gunoh qurbonligining boshiga qo‘ysin, so‘ng uni kuydiriladigan qurbonliklar bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. Ruhoniy barmog‘ini qurbonlikning qoniga botirib, qonni kurbonlik kuydiriladigan qurbongoh shoxlariga surtsin. Qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘ksin. Tinchlik qurbonligining yog‘i ajratib olinganday, echkining hamma yog‘ini ajratib olsin. Egamizga yoqimli hid borishi uchun yog‘ni qurbongoh ustida kuydirsin. Shu tariqa ruhoniy gunoh qilgan odamni gunohidan poklasin, shunda uning gunohi kechiriladi. Agar jamoa a’zosi qo‘yni gunoh qurbonligi qilmoqchi bo‘lsa, nuqsonsiz sovliqni olib kelsin. U qo‘lini gunoh qurbonligining boshiga qo‘ysin, so‘ng uni kuydiriladigan qurbonliklar bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. Ruhoniy barmog‘ini gunoh qurbonligining qoniga botirib, qonni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh shoxlariga surtsin. Qolgan qonni esa qurbongohning yoniga to‘ksin. Tinchlik qurbonligi qilingan qo‘yning yog‘i qanday ajratib olinsa, bu qurbonlikning ham hamma yog‘ini xuddi shunday qilib ajratib olsin. So‘ng bularni qurbongoh ustida, Egamizga keltirilgan nazrlar bilan birga olovda kuydirsin. Shu tariqa ruhoniy gunoh qilgan odamni gunohdan poklasin, shunda uning gunohi kechiriladi. Quyidagi vaziyatlarda gunoh qurbonligi keltirilishi shart: agar orangizdagi biror kishi guvohlik berish uchun mahkamaga chaqirilsa–yu, ko‘rgan yoki bilgan hodisa haqida guvohlik berishdan bosh tortsa, u jazoga tortilsin. Birontangiz harom narsaga — yovvoyi hayvonning, chorvaning yoki sudralib yuruvchining murdasiga qo‘l tekkizsangizu, harom bo‘lganingizni bilmasangiz, siz baribir aybdor hisoblanasiz. Bordi–yu, insonning biror nopokligiga qo‘l tekkizsangizu, harom bo‘lganingizni bilmasangiz, qilib qo‘ygan ishingizni anglaganingizdan keyin aybdor hisoblanasiz. Agar birortangiz bilmay turib, shoshilganingizdan yaxshi yoki yomon niyatda qasam ichib qo‘ysangiz, qilib qo‘ygan ishingizni anglaganingizdan keyin aybdor hisoblanasiz. Aytilganlarning birortasida o‘zingizni aybdor deb topsangiz, qilgan gunohingizni e’tirof eting. Qilgan gunohingizning to‘lovi sifatida suruvingizdagi qo‘y yoki echkini Egamizga gunoh qurbonligi qilish uchun olib keling. Ruhoniy qurbonlik qilib, sizni gunohdan poklasin. Bordi–yu, qo‘yni qurbonlik qilishga qurbingiz yetmasa, gunohingiz to‘lovi sifatida ikkita kaptar yoki ikkita musichani Egamizga olib keling. Qushning bittasi gunoh qurbonligi, ikkinchisi kuydiriladigan qurbonlik qilinsin. Qushlarni ruhoniyga olib keling. Ruhoniy gunoh qurbonligi uchun olib kelingan birinchi qushni olib, qushning bo‘ynini qayirib sindirsin, lekin boshini uzib tashlamasin. So‘ng gunoh qurbonligining qonidan qurbongohning yon tomoniga sepsin, qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘ksin. Bu gunoh qurbonligidir. Qushning ikkinchisini esa qoidaga binoan kuydiriladigan qurbonlik qilsin. Shu tariqa ruhoniy sizni gunohingizdan poklaydi, qilgan gunohingiz kechiriladi. Ikkita kaptar yoki ikkita musichani qurbonlik qilishga qurbingiz yetmasa, qilgan gunohingiz uchun to‘rt kosa sifatli unni gunoh nazri uchun olib keling. Unga zaytun moyidan qo‘shmang, ustiga xushbo‘y tutatqidan ham qo‘ymang, zotan bu gunoh uchun keltiriladigan nazrdir. Nazringizni ruhoniyga olib keling. Ruhoniy unning bir hovuchini olib, Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlar bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish, unning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Shu tariqa ruhoniy sizni qilgan har qanday gunohingizdan poklaydi, shunda gunohingiz kechiriladi. Gunoh nazrining ortib qolgan qismi don nazri singari ruhoniyga tegishlidir. Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: agar birortangiz bilmagan holda gunoh qilib, ehsonlarga oid ko‘rsatmalarni buzib qo‘ysangiz, ayb qurbonligini keltiring. Ayb qurbonligi sifatida Egamizga nuqsonsiz bir qo‘chqorni yoki qo‘chqorning qiymatiga ko‘ra kumushni olib keling. Bu ayb qurbonligidir. Ehsonlarga keltirgan zararni qoplash uchun ruhoniyga tovon to‘lang. Buning ustiga ehson qiymatining beshdan bir qismini qo‘shib bering. Ruhoniy qo‘chqorni ayb qurbonligi qilib, sizni gunohingizdan poklaydi, shunda gunohingiz kechiriladi. Agar birortangiz Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsangiz, qilgan ishingizni anglaganingizdan keyin jazoga tortilasiz. Bunday holda ruhoniyga ayb qurbonligi sifatida nuqsonsiz bir qo‘chqorni yoki qo‘chqorning qiymatiga ko‘ra kumushni olib keling. Ruhoniy sizni gunohingizdan poklaydi, shunda bilmasdan qilib qo‘ygan gunohingiz kechiriladi. Bu ayb qurbonligidir. Siz haqiqatan ham, Egamizning oldida aybli ish qilib qo‘ygan edingiz. Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: agar birortangiz Egamizga xiyonat qilsangiz, ya’ni sizga omonatga berilgan yoki garovga qo‘yilgan narsa haqida qo‘shningizni aldasangiz, yoki qo‘shningizning biror narsasini o‘g‘irlasangiz, yoki tovlamachilik qilsangiz, yoki yo‘qolgan narsani topib olib, topmadim, deb aytsangiz, yoki qasam ichib turib yolg‘on guvohlik bersangiz, siz gunoh qilgan bo‘lasiz. Gunoh qilib, aybingizni tan olganingizdan keyin o‘g‘irlagan, tovlamachilik qilib qo‘lga kiritgan, omonatga berilgan, topib olgan, yolg‘on qasam ichib o‘zingizga olib qolgan har qanday narsani egasiga qaytarib bering. Ustiga o‘sha narsaning beshdan bir qismi qiymatini ham qo‘shib bering. Bundan tashqari, ayb qurbonligi uchun Egamizga nuqsonsiz bir qo‘chqorni yoki qo‘chqorning qiymatiga ko‘ra kumushni olib keling. Ruhoniy Egamiz oldida sizni gunohdan poklaydi, shunda qilgan har qanday aybingiz kechiriladi. Egamiz Muso orqali Horun va uning o‘g‘illariga kuydiriladigan qurbonlikka oid quyidagi qoidalarni berdi: kuydiriladigan qurbonlik qurbongoh ustida tun bo‘yi, ertalabgacha qolsin. Qurbongoh ustidagi olov doim yonib tursin. Ertasi kuni ertalab ruhoniy zig‘ir matosidan tikilgan libos va ichidan ishtonni kiysin. So‘ng kuydirilgan qurbonlikning kulini qurbongoh ustidan yig‘ishtirib olsin. Kulni qurbongohning yoniga tashlasin. Keyin ustidagi liboslarni yechib, boshqa liboslarni kiysin. Kulni qarorgohdan tashqaridagi halol joyga olib chiqib tashlasin. Qurbongohdagi olov o‘chmay doim yonib turishi shart. Har kuni ertalab ruhoniy olovga o‘tin tashlab, uning ustiga kuydiriladigan qurbonlikni qo‘ysin. Tinchlik qurbonligining yog‘ini ham o‘sha olovda kuydirsin. Qurbongohdagi olov zinhor o‘chmasin, u muttasil yonib tursin.” Don nazr qilganda quyidagi qoidaga rioya qilinsin: Horunning o‘g‘illari don nazrini qurbongoh oldiga olib kelishsin. Ruhoniy zaytun moyi qo‘shilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi xushbo‘y tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish unning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. Unning qolganidan xamirturushsiz nonlar yopilsin. Horun va uning o‘g‘illari bu nonlarni muqaddas joyda yesinlar. Nonlar Uchrashuv chodirining hovlisida tanovul qilinishi lozim. Unga xamirturush qo‘shilmasin. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan ularga beriladigan ulush shudir. U gunoh qurbonligi va ayb qurbonligi singari g‘oyat muqaddasdir. Horunning naslidan bo‘lgan har bir erkak zoti bu nazrdan yesa bo‘ladi. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan Horunning nasliga avlodlar osha berilgan doimiy ulush shudir. Bu nazrga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘ladi.” Egamiz Muso orqali yana quyidagi qoidalarni berdi: Horun va uning o‘g‘illari ruhoniylikka tayinlangan kuni Egamizga don nazrini keltirishsin. Bu nazrning miqdori kundalik nazrday to‘rt kosa sifatli undan tashkil topsin. Unning ikki kosasi ertalab, ikki kosasi kechqurun nazr qilinsin. Undan zaytun moyiga xamir qorilsin, so‘ng tovada qovurilsin. Qovurilgan xamir moyga yaxshilab bo‘ktirilgan bo‘lsin, uni burdalab Egamizga nazr qiling. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. Boshiga moy surtilib, ruhoniylikka tayinlanadigan Horunning o‘g‘li bu nazrni tayyorlasin. Bu turdagi nazr har bir ruhoniylikka tayinlash marosimida Egamizga keltirilsin. Nazrni butunligicha kuydirish lozim. Xullas, ruhoniy keltirgan har qanday don nazri butunligicha kuydirilsin, uni yeyish mumkin emas. Egamiz Muso orqali Horun va uning o‘g‘illariga gunoh qurbonligiga oid quyidagi qoidalarni berdi: gunoh qurbonligi qilinadigan jonivor Egamizning oldida, kuydiriladigan qurbonlik bo‘g‘izlanadigan joyda bo‘g‘izlansin. Bu g‘oyat muqaddas qurbonlikdir. Gunoh qurbonligini keltirgan ruhoniy qurbonlik go‘shtidan tanovul qilsin. Qurbonlik go‘shti muqaddas joyda, ya’ni Uchrashuv chodirining hovlisida yeyilishi lozim. Qurbonlik go‘shtiga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘ladi. Agar qurbonlikning qoni kiyimga sachrasa, kiyim muqaddas joyda yuvilsin. Go‘sht pishirilgan sopol idish sindirilsin. Bordi–yu, go‘sht bronza qozonda pishirilgan bo‘lsa, qozonni ishqalab yuvish lozim. Ruhoniylar urug‘iga mansub har bir erkak zoti bu qurbonlik go‘shtidan tanovul qilsa bo‘ladi. Bu qurbonlik g‘oyat muqaddasdir. Bordi–yu, gunoh qurbonligining qoni Uchrashuv chodirining ichiga, gunohdan poklash uchun Muqaddas xonaga olib kirilsa, bunday qurbonlik go‘shtini tanovul qilish mumkin emas. Uni butunligicha kuydirish lozim. Ayb qurbonligi g‘oyat muqaddasdir. Uni keltirganda quyidagi qoidaga rioya qilinsin: ayb qurbonligi uchun keltiriladigan jonivorni kuydiriladigan qurbonlik bo‘g‘izlanadigan joyda so‘yishsin. Uning qonini qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin. Jonivorning hamma yog‘i keltirilsin: dumbasi, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘lari, ikkala buyragi, buyrak atrofidagi yog‘lari va jigarning a’lo qismi. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olinsin. Ruhoniy bularni olovda kuydirib, Egamizga nazr qilsin. Bu ayb qurbonligidir. Ruhoniylar urug‘iga mansub bo‘lgan har bir erkak zoti qurbonlikni tanovul qilsa bo‘ladi. Uni muqaddas joyda tanovul qilishsin, chunki bu qurbonlik g‘oyat muqaddasdir. Ayb qurbonligi uchun ham, gunoh qurbonligi uchun ham qoida bir: qurbonlikning go‘shti gunohdan poklash marosimini olib borgan ruhoniyga tegishli bo‘lsin. Birovning kuydiriladigan qurbonligini keltirgan ruhoniy o‘ziga qurbonlikning terisini olsin. Tandirda yopilgan, qozonda yoki tovada tayyorlangan har qanday don nazri ham, uni keltirgan ruhoniyga tegishli bo‘lsin. Lekin boshqa turdagi don nazrlari, zaytun moyi aralashtirilgan yoki aralashtirilmaganidan qat’iy nazar, Horunning hamma o‘g‘illariga birday tegishli bo‘lsin. Egamizga tinchlik qurbonligini keltirganingizda quyidagi qoidaga rioya qiling: agar qurbonlikni shukrona aytish uchun keltirayotgan bo‘lsangiz, qurbonlik bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan xamirturushsiz nonlarni, zaytun moyi surtilgan xamirturushsiz chalpaklarni hamda sifatli un va zaytun moyidan qorib tayyorlangan kulchalarni keltiring. Shukrona qurbonligi qatorida xamirturushli nonlarni ham olib keling. Nonlarning har bir turidan bittasini Egamizga hadya sifatida taqdim qiling. Bu nonlar tinchlik qonini qurbongohga sepgan ruhoniyniki bo‘lsin. Shukrona aytish uchun keltirilgan tinchlik qurbonligining go‘shtini o‘sha kuniyoq tanovul qiling. Qurbonlik go‘shtidan ertalabgacha qoldirmang. Bordi–yu, qurbonlikni ichgan ontingiz bo‘yicha keltirsangiz, yoki ko‘ngildan chiqarib bersangiz, go‘shtini qurbonlik qilgan kuningiz va qolganini ikkinchi kuni ham yesangiz bo‘ladi. Uchinchi kuni esa qurbonlikning qolgan hamma go‘shtini kuydirib tashlang. Agar qilgan tinchlik qurbonligingizning go‘shti uchinchi kuni tanovul qilinsa, qurbonligingiz qabul bo‘lmaydi va hisobingizga o‘tmaydi. Qurbonligingiz bulg‘angan hisoblanib, uning go‘shtidan yegan odam jazoga tortiladi. Har qanday nopok narsaga tekkan qurbonlik go‘shti yeyilmasin. Uni kuydirib tashlang. Go‘shtning qolganini esa har bir pok odam tanovul qilishi mumkin. Bordi–yu, biror odam harom bo‘la turib, Egamizga keltirilgan tinchlik qurbonligining go‘shtidan yesa, o‘z xalqi orasidan yo‘q qilinsin. Agar birortangiz odamning nopokligiga, harom xayvonga yoki har qanday jirkanch jonzotga tegib, Egamizning tinchlik qurbonligi go‘shtidan tanovul qilsangiz, xalqingiz orasidan yo‘q qilinasiz. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: mol, qo‘y va echkining yog‘ini aslo yemang. Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajib tashlagan jonivorning yog‘ini har qanday ehtiyojlarga ishlatishingiz mumkin, lekin uni aslo tanovul qilmang. Bordi–yu, birortangiz Egamizga atab, olovda kuydiriladigan qurbonlikning yog‘idan yesangiz, xalqingiz orasidan yo‘q qilinasiz. Qush yoki hayvonning qonini iste’mol qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu amrimga rioya qiling. Bordi–yu, birortangiz qon iste’mol qilsangiz, xalqingiz orasidan yo‘q qilinasiz. Egamiz Muso orqali, Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: tinchlik qurbonligini keltirganingizda, qurbonlikning bir qismini Egamizga taqdim qiling. Olovda kuydiriladigan bu nazrni o‘z qo‘lingiz bilan olib keling. Qurbonlikning yog‘i va to‘shini keltiring. To‘shni Egamizga bag‘ishlaganingizni ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘taring. Ruhoniy yog‘ni qurbongoh ustida kuydirsin, to‘sh esa Horun va uning o‘g‘illariniki bo‘lsin. Tinchlik qurbonligining o‘ng sonini ruhoniyga hadya qiling. Qurbonlikning qonini keltirgan va yog‘ini kuydirgan Horunning o‘g‘liga o‘shani ulush qilib bering. Zotan Isroil xalqi qilgan tinchlik qurbonligining yuqoriga ko‘tarilgan to‘shini va hadya qilingan sonini Egamiz Horun va uning o‘g‘illariga berdi. Bu Isroil xalqidan ularga beriladigan doimiy ulushdir. Horun va uning o‘g‘illari Egamiz oldida ruhoniy bo‘lib xizmat qilishlari uchun tayinlangan kundan boshlab, olovda kuydiriladigan qurbonliklardan ularga tegadigan ulush ana shudir. Horun va uning o‘g‘illariga moy surtilgan kuni Isroil xalqi bu ulushni ularga berishini Egamiz amr etdi. Avlodlar osha bu ularning doimiy ulushidir. Xullas, kuydiriladigan qurbonlik, don nazri, gunoh qurbonligi, ayb qurbonligi, ruhoniylikka tayinlash marosimida keltiriladigan qurbonlik va tinchlik qurbonligiga oid qoidalar shulardan iboratdir. Muso Isroil xalqi bilan Sinay tog‘i yon bag‘ridagi sahroda turgan paytlarida Egamiz ularga bu qurbonliklarni keltira boshlashni buyurgan edi. Egamiz Musoga dedi: “Horun va uning o‘g‘illarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel, ular bilan birga ruhoniylik liboslarini, muqaddas qiladigan moyni, gunoh qurbonligi uchun buqani, ikkita qo‘chqorni va bir savat xamirturushsiz nonlarni olib kel. So‘ng butun jamoani o‘sha yerga to‘pla.” Muso Egamizning aytganini qildi. Jamoa Uchrashuv chodiriga kiraverishda to‘plangach, Muso ularga dedi: “Men hozir Egam bergan amrni bajaraman.” Muso Horun va uning o‘g‘illarini oldinga chiqarib yuvintirdi. So‘ng Horunning ustiga ko‘ylakni kiydirib, beliga belbog‘ni bog‘ladi. Ustidan ridoni kiydirib, efodni taqdi. Beliga naqsh solingan kamarni bog‘lab, efodni mahkamladi. Ko‘ksiga ko‘krakpech taqib, ko‘krakpech xaltasining ichiga Urim va Tummimni soldi. Horunning boshiga sallani kiydirdi. Egamizning Musoga bergan amriga binoan sallaning old tomoniga oltin lavhani o‘rnashtirdi, bu lavha Horun Egamizga bag‘ishlanganini bildirar edi. So‘ng Muso Muqaddas chodirga va uning ichidagi hamma ashyolarga muqaddas qiladigan moydan surtib chiqib, ularni muqaddas qildi. Qurbongoh ustiga moydan yetti marta sepdi. So‘ng qurbongohga, qurbongoh buyumlariga, qo‘lyuvgichga va qo‘lyuvgich tagligiga moydan surtib, ularni muqaddas qildi. U Horunning boshiga ham muqaddas qiladigan moydan surtib, Horunni Egamizning xizmatiga bag‘ishladi. So‘ng Egamizning amriga ko‘ra, Horunning o‘g‘illarini oldinga chiqarib, ularning ustiga ko‘ylaklar kiydirdi, bellariga belbog‘lar, boshlariga peshanabog‘lar bog‘ladi. Keyin Muso gunoh qurbonligi qilinadigan buqani yetaklab keldi. Horun va uning o‘g‘illari qo‘llarini buqaning boshiga qo‘yishdi. Muso buqani so‘ydi. Qurbongohni poklash uchun barmog‘ini qonga botirib, qonni qurbongohning shoxlariga surtib chiqdi. Qonning qolganini qurbongohning yoniga to‘kdi. Shu yo‘sin u qurbongohni poklab, Egamizga bag‘ishladi. So‘ng buqaning ichak–chovoqlarini qoplagan hamma yog‘larni, jigarning a’lo qismini, ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yog‘larini ajratib olib, qurbongoh ustida kuydirdi. Buqaning o‘zini esa terisi, go‘shti va ichak–chovoqlari bilan birga, Egamizning amriga ko‘ra, qarorgohning tashqarisiga olib chiqib kuydirdi. So‘ng Muso kuydiriladigan qurbonlik qilish uchun qo‘chqorni olib keldi. Horun va uning o‘g‘illari qo‘llarini qo‘chqorning boshiga qo‘yishdi. Muso qo‘chqorni so‘yib, qonidan qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqdi. So‘ng qo‘chqorning tanasini bo‘laklarga bo‘lib, kallasini, bo‘laklarini va yog‘ini qurbongoh ustida kuydirdi. Ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuvib, qo‘chqorni butunligicha qurbongoh ustida kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid bordi. Muso hammasini Egamizning amriga binoan bajardi. So‘ng Muso ikkinchi qo‘chqorni yetaklab keldi. Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylikka tayinlash marosimida keltiriladigan qurbonlik shu edi. Horun va uning o‘g‘illari qo‘llarini qo‘chqorning boshiga qo‘yishdi. Muso qo‘chqorni so‘yib, qo‘chqorning qonidan Horunning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtdi. So‘ng Muso Horunning o‘g‘illarini oldinga chiqarib, qo‘chqorning qonidan ularning o‘ng quloqlari solinchaklariga, o‘ng qo‘llari bosh barmoqlariga va o‘ng oyoqlari bosh barmoqlariga surtdi. Qonning qolganini esa qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqdi. U qo‘chqorning yog‘ini, chunonchi dumbasini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, jigarning a’lo qismini, ikkala buyragini, buyrak atrofidagi yog‘larini va o‘ng sonini ajratib oldi. Egamiz huzuridagi xamirturushsiz nonlar solingan savatdan xamirturushsiz nondan bittasini, zaytun moyi qo‘shilgan nondan bittasini va chalpakdan bittasini olib, qo‘chqorning yog‘i va o‘ng soni ustiga qo‘ydi. U bularning hammasini Horunning va uning o‘g‘illarining qo‘liga tutqazdi. Ular bularni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tardilar. So‘ng Muso bu nazrlarni ularning qo‘llaridan olib, qurbongoh ustida kuydiriladigan qurbonlik bilan birga kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu nazrlardan Egamizga yoqimli hid bordi. Ruhoniylikka tayinlash marosimida keltirilgan nazrlar shular edi. Keyin Muso to‘shni olib, uni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tardi. Egamizning amriga binoan ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan qo‘chqorning bu qismi Musoga tegadigan ulush edi. Muso muqaddas qiladigan moydan va qurbongoh ustidagi qondan olib, Horunga va uning liboslariga hamda Horunning o‘g‘illariga va ularning liboslariga sepdi. Shunday qilib, u Horunni va uning liboslarini hamda Horunning o‘g‘illarini va ularning liboslarini muqaddas qildi. Muso Horun va uning o‘g‘illariga dedi: “Uchrashuv chodiriga kiraverishda qurbonlikning go‘shtini pishiringlar. Go‘shtni o‘sha yerning o‘zida, savatdagi nazr qilingan nonlarga qo‘shib yenglar. Zotan bu Egamizning amridir. Ortib qolgan go‘sht va nonni kuydiringlar. Ruhoniylikka tayinlash marosimi tamom bo‘lgunga qadar, yetti kun davomida Uchrashuv chodiri kiraverishidan jilmanglar. Biz bugungi marosimni Egamizning amriga ko‘ra, sizlarni gunohdan poklash uchun ado etdik. Sizlar Uchrashuv chodiriga kiraverishda kechayu kunduz yetti kun davomida bo‘lib, Egamizning barcha talablarini bajaringlar. Shunda nobud bo‘lmaysizlar. Egamizning amri shudir.” Horun va uning o‘g‘illari Egamizning Muso orqali amr qilgan hamma narsani bajardilar. Sakkizinchi kuni Muso Horunni, uning o‘g‘illarini va Isroil oqsoqollarini chaqirtirib keldi. U Horunga dedi: “ Gunoh qurbonligi uchun bir nuqsonsiz buzoqni, kuydiriladigan qurbonlik uchun esa bir nuqsonsiz qo‘chqorni Egamizning huzuriga olib kel. So‘ng Isroil xalqiga ayt, ular ham gunoh qurbonligi uchun bitta takani, kuydiriladigan qurbonlik uchun bir yoshli nuqsonsiz buzoqni va bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini, tinchlik qurbonligi uchun bitta buqani va bitta qo‘chqorni olib kelishsin. Ular bu jonivorlarni Egamizning oldida qurbonlik qilishsin. Bular bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan don nazrini ham keltirishsin. Zotan Egamiz bugun ularga zohir bo‘ladi.” Ular Muso amr qilgan hamma narsani Uchrashuv chodirining oldiga olib kelishdi. Butun jamoa Egamiz huzuriga kelib turdi. Muso dedi: “Egamizning bergan bu amrini ado eting, shunda Egamizning ulug‘vorligi sizlarga zohir bo‘ladi.” So‘ng u Horunga dedi: “ Qurbongohning oldiga bor, o‘zingni va xalqni gunohdan poklash uchun gunoh qurbonligingni va kuydiriladigan qurbonligingni keltir. So‘ng xalqning qurbonliklarini ado etib, ularni gunohdan pokla. Egamizning amri shudir.” Horun qurbongoh yoniga bordi, o‘z gunohlari uchun gunoh qurbonligi sifatida keltirgan buzoqni so‘ydi. O‘g‘illari Horunga qurbonlikning qonidan olib tutdilar. U barmog‘ini qonga botirib, qurbongohning shoxlariga surtib chiqdi, qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘kdi. So‘ng Egamiz Musoga bergan amrga binoan gunoh qurbonligining yog‘ini, ikkala buyragini va jigarning a’lo qismini qurbongoh ustida kuydirdi. Go‘shti va terisini esa qarorgohdan tashqariga olib chiqib kuydirib tashladi. Keyin Horun kuydiriladigan qurbonlikni so‘ydi. Horunning o‘g‘illari unga qurbonlik qonidan tutdilar. Horun qonni qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqdi. So‘ng o‘g‘illari kuydiriladigan qurbonlikning bo‘laklari va kallasini Horunga birin–ketin berdilar. Horun bularning hammasini qurbongoh ustida kuydirdi. So‘ng qurbonlikning ichak–chovoqlarini va oyoqlarini yuvib, kuydirilgan qurbonlik ustida kuydirdi. Keyin Horun xalqning qurbonliklarini keltirdi. O‘zining gunohi uchun qurbonlik qilgani singari xalqning gunohi uchun ham takani so‘yib qurbonlik qildi. Kuydiriladigan qurbonlikni ham olib kelib, qoidaga ko‘ra, ado etdi. So‘ng don nazrini keltirib, nazrning bir hovuchini qurbongoh ustida kuydirdi. Bular ertalab kuydiriladigan kundalik nazrdan tashqari edi. Horun xalqning tinchlik qurbonligi uchun keltirgan buqa va qo‘chqorni so‘ydi. Uning o‘g‘illari tinchlik qurbonligining qonidan olib, Horunga tutdilar. Horun qonni qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqdi. So‘ng Horunning o‘g‘illari buqa va qo‘chqorning yog‘ini, ya’ni dumbasini, ichaklarini qoplab turgan yog‘larini, buyraklari va jigarning a’lo qismini to‘shlar ustiga qo‘ydilar. Horun yog‘ni qurbongoh ustida kuydirdi. Muso amr qilganday Horun to‘shlarni va o‘ng sonni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tardi. Shundan keyin Horun qo‘llarini xalq tomon cho‘zib ularni duo qildi. Horun gunoh qurbonligini, kuydiriladigan qurbonlikni va tinchlik qurbonligini ado etgach, qurbongohdan pastga tushdi. Muso bilan Horun Uchrashuv chodiriga kirishdi, chodirdan qaytib chiqqanlaridan keyin xalqni duo qilishdi. Shunda Egamizning ulug‘vorligi xalqqa zohir bo‘ldi. Egamizning huzuridan olov chiqib, qurbongoh ustidagi kuydiriladigan qurbonlikni va yog‘larni yamlab yubordi. Xalq buni ko‘rgach, hayqirib yubordi–da yerga muk tushdi. Horunning o‘g‘illari Nadov va Abihu o‘z otashkuraklarini olib, ichiga cho‘g‘ soldilar, cho‘g‘ ustiga xushbo‘y tutatqi tashladilar. Ular Egamiz amr etmagan begona olovni Uning huzuriga olib kirdilar. To‘satdan Egamizning huzuridan olov otilib chiqib, ularni kuydirib tashladi. Ikkovi ham o‘sha yerda, Egamizning huzurida halok bo‘ldilar. Shunda Muso Horunga dedi: — Egamizning, “Yonimda bo‘lganlar orqali Men muqaddasligimni ko‘rsataman, butun xalq oldida ulug‘lanaman”, deb aytgani mana shudir. Horun indamadi. Muso Horunning amakisi Uziyol o‘g‘illari Mishail va Elzafanni chaqirtirib, ularga dedi: “Boringlar, qarindoshlaringizning jasadlarini Muqaddas chodirining oldidan olib ketib, qarorgohning tashqarisiga olib chiqinglar.” Mishail va Elzafan Musoning aytganini qilib, qarindoshlarining jasadlarini ko‘ylaklaridan ushlab, qarorgoh tashqarisiga olib chiqdilar. So‘ng Muso Horunga va uning o‘g‘illari Elazar bilan Itamarga aytdi: “Qayg‘udan sochingizni to‘zmanglar, liboslaringizni yirtmanglar, aks holda sizlar ham nobud bo‘lasizlar va butun jamoa Xudoning g‘azabiga uchraydi. Ammo qarindoshlaringiz, butun Isroil xonadoni Egamiz kuydirib nobud qilgan Nadov va Abihu uchun aza tutishlari mumkin. Uchrashuv chodiriga kiraverishdan nariga jilmang. Aks holda nobud bo‘lasizlar. Sizning ustingizga Egamizning muqaddas qiladigan moyi surtilgandir.” Ular Musoning aytgani bo‘yicha ish tutdilar. Egamiz Horunga dedi: “Sen va o‘g‘illaring Uchrashuv chodiriga kirishdan oldin sharob yoki boshqa o‘tkir ichimliklar ichmanglar. Ichsangiz, nobud bo‘lasizlar. Bu avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Sizlar muqaddas narsalarni oddiy narsalardan, haromni haloldan ajrata olishlaring shart. Men Muso orqali aytgan hamma qonunlarni Isroil xalqiga o‘rgatishlaring lozim.” Muso Horunga va uning omon qolgan o‘g‘illari Elazar bilan Itamarga dedi: “Egamizga atab, olovda kuydiriladigan don nazrlarning ortib qolganini olib, xamirturushsiz nonlar yopinglar. Bu nonlarni qurbongoh yonida tanovul qilinglar, chunki bu nazr g‘oyat muqaddasdir. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan senga va sening o‘g‘illaringga tegadigan ulush mana shudir. Shuning uchun buni muqaddas joyda tanovul qilinglar. Egam menga shuni amr qildi. Yuqoriga ko‘tarilgan to‘sh bilan nazr qilingan sonni esa sen va sening o‘g‘il–qizlaring har qanday halol joyda tanovul qilishlaring mumkin. Bu narsalar Isroil xalqining tinchlik qurbonliklaridan senga va farzandlaringga ulush qilib berilgandir. Isroil xalqi qurbonlikning olovda kuydiriladigan yog‘i bilan birga qurbonlikning to‘shi va sonini olib kelsinlar. Ular to‘sh va sonni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘targanlaridan keyin, bular senga va farzandlaringga beriladi. Egamizning amriga ko‘ra, sizlarga tegadigan doimiy ulush shudir.” So‘ng Muso gunoh qurbonligi qilingan echki haqida so‘radi, bilsaki, u qurbonlik kuydirilib bo‘libdi. Muso Horunning qolgan ikkala o‘g‘li Elazar bilan Itamardan qattiq g‘azablanib, ularga dedi: — Nimaga gunoh qurbonligining go‘shtini muqaddas joyda yemadinglar?! Bu juda muqaddas qurbonlik–ku! Axir, o‘sha qurbonlik jamoaning aybini yuvishingiz va Egamiz oldida ularni gunohdan poklashingiz uchun sizlarga berilgan–ku! Bu qurbonlikning qoni Muqaddas xonaga olib kirilmagan. Bunday qurbonlikni muqaddas joyda yenglar, deb sizlarga amr qilmaganmidim?! Shunda Horun Musoga dedi: — Mana, bugun o‘g‘illarim Egamizga gunoh qurbonligini va kuydiriladigan qurbonlikni keltirdilar. Ammo sho‘rim quridi–ku! Agar bugun gunoh qurbonligi go‘shtidan yeganimda Egam mendan mamnun bo‘larmidi?! Muso bu gapni eshitib, ma’qul topdi. Egamiz Muso va Horun orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “Yer yuzidagi jamiki hayvonlardan ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan quyidagilarni tanovul qilmang: tuya kavsh qaytaradiyu, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. Sug‘ur kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. Quyon kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. Cho‘chqa ayri tuyoq bo‘lgani bilan kavsh qaytarmaydi. U sizlar uchun haromdir. Bu hayvonlarning go‘shtini zinhor tanovul qilmang, ularning jasadlariga qo‘l tekkizmang. Ular sizlar uchun haromdir. Dengiz va daryolarda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday jonivorni yesangiz bo‘ladi. Biroq suvda yashaydigan, suzgichi va tangachalari bo‘lmagan har qanday suzadigan va boshqa turdagi jonivorni yemang. Ulardan hazar qiling. Bunday jonivorlar sizlar uchun jirkanchdir. Ularning go‘shtini og‘zingizga olmang, murdasidan hazar qiling. Suzgichi va tangachalari bo‘lmagan har qanday suv jonivori sizlar uchun jirkanchdir. Parrandalar orasidagi quyidagi qushlarni zinhor yemang, ulardan hazar qiling, ular sizlar uchun jirkanchdir: qumoy, boltayutar, tasqara, qizil kalxat, qirg‘iy va uning zoti, har qanday qarg‘a va uning zoti, tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchig‘ay va uning zoti, yapaloq qush, baliqchi ukki, boyo‘g‘li, oq boyo‘g‘li, birqozon, jo‘rchi, laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, qo‘rshapalak. To‘rt oyog‘ida yuradigan hamma qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir. Lekin qanotli hasharotlar orasidagi, to‘rt oyoqda yuradigan ba’zilarini yeyishingiz mumkin. Oyoqlari sakrash uchun bo‘g‘inlar bilan moslangan chigirtkaning hamma turini va ularning zotini yeyishingiz mumkin. Boshqa hamma to‘rt oyoqli, qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir. Ba’zi hayvonlar sizlarni bulg‘aydi. Ularning o‘ligiga qo‘l tekkizsangiz, kechgacha harom bo‘lasiz. Harom hayvonning murdasini ko‘targan odam kiyimlarini yuvsin. U kechgacha harom bo‘ladi. Tuyoqli, lekin tuyoqlari butunlay ayrilmagan yoki kavsh qaytarmaydigan har qanday hayvon sizlar uchun haromdir. Bunday hayvonning murdasiga tekkan odam harom bo‘ladi. To‘rt oyog‘ida yuradigan panjali hayvonlar ham sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan har bir odam kechgacha harom bo‘ladi. Bunday hayvonning murdasini ko‘targan odam kiyimlarini yuvsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ular sizlar uchun haromdir. Yerda o‘rmalab yuradigan mayda jonivorlardan sizlar uchun quyidagilar haromdir: kalamush, sichqon, echkemar va uning zoti, gekkon, kulrang echkemar, oddiy kaltakesak, cho‘l kaltakesagi va buqalamun. Bularning hammasi sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan odam kechgacha harom bo‘ladi. Agar bunday jonivorning murdasi biror narsaning ustiga tushsa, o‘sha narsa harom bo‘ladi. Harom bo‘lgan bunday narsa — yog‘och, mato, charm yoki qanordan bo‘lishidan va nimaga ishlatilishidan qat’iy nazar, uni suvga botirib, chayib oling. Bu narsa kechgacha harom bo‘lib, so‘ng yana halol bo‘ladi. Bordi–yu, bunday jonivor o‘lib, sopol idishning ichiga tushsa, idishdagi hamma narsa harom bo‘ladi. Shunda idishning o‘zini ham sindiring. Bunday idishdagi suv har qanday ovqat ustiga tushsa, ovqat ham harom bo‘ladi. Harom idishdagi har qanday ichimlik harom hisoblanadi. Jonivorning murdasi tushgan hamma narsa harom bo‘ladi. Murda tandir yoki o‘choqqa tushgan bo‘lsa, shu narsalar harom hisoblanib buzib tashlansin. Ularni harom deb biling. Lekin murda buloq yoki suv yig‘iladigan sardobaga tushsa, buloq va sardoba halolligicha qoladi. Ammo o‘sha jonivorning murdasiga nimaiki tegsa, bu narsa harom hisoblanadi. Bordi–yu, murda ekish uchun ajratib qo‘yilgan urug‘ ustiga tushsa, urug‘ halol hisoblanadi. Ammo murda suvda ivitilgan urug‘ ustiga tushsa, urug‘ harom bo‘ladi. Bordi–yu, yeb bo‘ladigan hayvon o‘lsa, bunday hayvonning murdasiga tekkan odam kechgacha harom bo‘ladi. Uning go‘shtidan yegan yoki murdasini ko‘targan odam kiyimlarini yuvsin. Bunday odam kechgacha harom bo‘ladi. Yerda o‘rmalab yuruvchi har qanday jonivor sizlar uchun jirkanchdir. Ularni tanovul qilmang. Qorni bilan sudralib yuruvchi, to‘rt oyoqli va ko‘p oyoqli jonivorlarni yemang. Ular sizlar uchun jirkanchdir. Bunday jonivorlarni yeb, bulg‘anmang. Ular tufayli o‘zingizni harom qilmang. Zotan Men Egangiz Xudoman. O‘zingizni Menga bag‘ishlab muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman. O‘rmalab yuradigan jonivorlar tufayli o‘zingizni bulg‘amanglar. Men Egangizman, Xudoyingiz bo‘lishim uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Shunday ekan, Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman. Hayvonlar, qushlar, suvdagi turli jonivorlar va yerda sudraluvchi jonzotlarga oid qonunlar shudir. Sizlar halolni haromdan ajrata oling, yeyish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan tirik jonivorlarning farqiga boring.” Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar ayol homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘sa, u ayol yetti kun harom hisoblanadi, hayz ko‘rgan kunlaridagi kabi harom bo‘ladi. Sakkizinchi kuni esa o‘g‘il chaqaloq sunnat qilinsin. Ayolning qondan tozalanish muddati o‘ttiz uch kun bo‘lsin. Bu muddat tugamaguncha u birorta muqaddas narsaga tegmasligi va Muqaddas chodirga kirmasligi lozim. Agar ayol qiz tug‘sa, u hayz ko‘rgandagi kabi, ikki hafta davomida harom hisoblanadi. U oltmish olti kundan keyingina qon ketishidan poklanadi. O‘g‘il yoki qiz ko‘rgan ayolning tozalanish muddati tugagach, u kuydiriladigan qurbonlik qilishga bir yoshli qo‘zini va gunoh qurbonligi qilishga musichani yoki kaptarni Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, ruhoniyga bersin. Ruhoniy Egamizning oldida qurbonliklarni keltirsin, shu yo‘sin ayolni nopokliklaridan poklasin. Shundan so‘ng ayol qon ketishidan poklanadi. O‘g‘il yoki qiz ko‘rgan ayol uchun qonun shudir. Bordi–yu, qo‘zini qurbonlik qilishga ayolning qurbi yetmasa, u ikkita kaptar yoki ikkita musichani olib kelsin. Ruhoniy birini kuydiriladigan qurbonlik, ikkinchisini gunoh qurbonligi qilsin, shu yo‘sin ayolni nopokliklaridan poklasin. Shunda ayol pok bo‘ladi. Muso va Horunga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: agar birortasining badanida teri kasalligiga aylanishi mumkin bo‘lgan shish, toshma yoki dog‘ paydo bo‘lsa, o‘sha odamni ruhoniy Horun yoki uning o‘g‘illaridan biri huzuriga olib keling. Ruhoniy badandagi yarani ko‘rsin. Agar yara ustidagi tuklar oqargan va yara teri ostiga o‘tgan bo‘lsa, bu teri kasalligidir. Ruhoniy yarani ko‘rib bo‘lishi bilanoq o‘sha odamni, harom, deb e’lon qilsin. Bordi–yu, odamning badanida oq dog‘ bo‘lib, teri ostiga o‘tmagan bo‘lsa va dog‘ ustidagi tuklar oqarmagan bo‘lsa, ruhoniy kasallangan odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy yana o‘sha odamni ko‘rsin. Agar yara o‘zgarmagan bo‘lsa va atrofidagi teriga yoyilmagan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni yana yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy uni yana ko‘rsin. Agar yara tuzala boshlagan bo‘lib, atrofidagi teriga yoyilmagan bo‘lsa, ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. Bu toshmadir. U odam kiyimlarni yuvsin va u pok bo‘ladi. Bordi–yu, ruhoniy tekshirib, pok deb e’lon qilgan o‘sha odamning terisidagi toshmasi yoyilib ketsa, u qaytadan ruhoniyga ko‘rinsin. Ruhoniy kasalni yana tekshirsin. Agar toshma teriga yoyilgan bo‘lsa, ruhoniy u odamni harom, deb e’lon qilsin. Bu teri kasalligidir. Agar odam teri kasalligiga chalinsa, uni ruhoniy huzuriga olib keling. Ruhoniy uni tekshirsin. Agar teri ustida oq shish paydo bo‘lgan bo‘lib, shish ustidagi tuklar oqargan bo‘lsa va ochiq yara hosil bo‘lgan bo‘lsa, bu tuzalmas teri kasalligidir. Ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin, uni yolg‘izlatib o‘tirmasin, chunki uning haromligi oydindir. Bordi–yu, teridagi toshma odamning butun tanasini boshdan–oyoq qoplab olsa, ruhoniy uni tekshirsin. Agar toshma butun tanaga yoyilgan bo‘lsa, ruhoniy uni pok deb e’lon qilsin. Hamma teri birday oqargani uchun, bunday odam pok hisoblanadi. Bordi–yu, uning badanida ochiq yara hosil bo‘lsa, o‘sha odam harom hisoblanadi. Ruhoniy ochiq yarani ko‘rsin va u odamni harom deb e’lon qilsin. Ochiq yara haromdir, bu teri kasalligining belgisidir. Lekin ochiq yara tuzalib, oqarsa o‘sha odam ruhoniyning oldiga kelsin. Ruhoniy uni ko‘rsin. Agar yara haqiqatan ham oqargan bo‘lsa, ruhoniy kasal odamni pok deb e’lon qilsin. Shunda u pok bo‘ladi. Agar birortasining badaniga chipqon chiqib, bitgan bo‘lsa–yu, lekin chipqon o‘rnida oq shish yoki qizg‘ish–oq dog‘ paydo bo‘lsa, u odam ruhoniyga ko‘rinsin. Ruhoniy uni ko‘rsin. Agar dog‘ teri ostiga o‘tgan bo‘lsa va tuklari oqarib qolgan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni harom deb e’lon qilsin. Demak, chipqon o‘rnida teri kasalligi hosil bo‘lgan. Lekin ruhoniy uni tekshirganda, dog‘ ustidagi tuklar oqarmagan, dog‘ terining ostiga o‘tmagan va tuzala boshlagan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. Agar dog‘ teriga yoyilib ketsa, ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin. Bu teri kasalligidir. Bordi–yu, dog‘ o‘zgarmasa va yoyilmasa, chipqonning chandig‘i bo‘ladi, xolos. Ruhoniy bu odamni pok deb e’lon qilsin. Agar birortasi kuyib qolsa va kuygan joyining rangi o‘zgarib, qizg‘ish–oq yoki oppoq tusga kirsa, ruhoniy kuygan joyni tekshirsin. Agar kuygan joy ustidagi tuklar oqarib qolgan bo‘lsa va dog‘ teri ostiga o‘tgan bo‘lsa, demak, kuygan joy o‘rnida teri kasalligi hosil bo‘lgan. Ruhoniy bu odamni harom, deb e’lon qilsin. Lekin ruhoniy uni tekshirganda tuklar oqarmagan va dog‘ teri ostiga o‘tmagan bo‘lsa, buning ustiga dog‘ tuzala boshlagan bo‘lsa, ruhoniy u odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy u odamni ko‘rsin. Agar dog‘ teriga yoyilgan bo‘lsa, ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin. Bu teri kasalligidir. Bordi–yu, dog‘ o‘zgarmasa va atrofdagi teriga yoyilmasa, buning ustiga tuzala boshlagan bo‘lsa, demak, bu kuyish natijasida paydo bo‘lgan shishdir. Ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. Bu kuygan joyning izidir. Agar erkak yoki ayolning boshiga yo jag‘iga yara chiqsa, ruhoniy yarani tekshirsin. Yara terining ostiga o‘tgan bo‘lsa va yara ustidagi tuklar sarg‘ayib, nimjon bo‘lib qolgan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha erkak yoki ayolni harom deb e’lon qilsin. Demak, uning boshi yoki jag‘iga qichitma chiqqan, bu teri kasalligidir. Agar ruhoniy qichitmani tekshirganda yara terining ostiga o‘tmagan bo‘lsa, lekin yaraning ustida sog‘lom tuklar bo‘lmasa, ruhoniy qichitmaga chalingan bu odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani yana ko‘rsin. Agar qichitma yoyilmagan bo‘lsa, uning ustida sarg‘ish tuklar bo‘lmasa, yara terining ostiga o‘tmagan bo‘lsa, kasal odam hamma sochini qirsin, lekin qichitma bor joyiga tegmasin. So‘ng ruhoniy uni yana yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani ko‘rsin. Agar qichitma yoyilmagan va terining ostiga o‘tmagan bo‘lsa, ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. U odam kiyimlarini yuvsin, shunda u pok bo‘ladi. Bordi–yu, ruhoniy uni pok deb e’lon qilgandan keyin qichitma yoyilsa, ruhoniy u odamni yana tekshirsin. Agar qichitma haqiqatan ham yoyilgan bo‘lsa, sarg‘ish tukni qidirishning hojati yo‘q. U odam haromdir. Bordi–yu, ruhoniyning nazarida qichitma o‘zgarmagan bo‘lsa va uning ustida qora tuklar o‘sa boshlagan bo‘lsa, qichitma tuzalgan bo‘ladi. Ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. Agar erkak yoki ayolning badanida oq dog‘lar paydo bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni tekshirsin. Agar bu dog‘lar ko‘rinar–ko‘rinmas oqishroq tusda bo‘lsa, bu bor–yo‘g‘i toshmadir. Bunday odam pokdir. Agar odamning sochi to‘kilgan bo‘lsa, u odam kal, lekin pok hisoblanadi. Boshning old tomonidagi va chakkalaridagi sochlari to‘kilgan bo‘lsa, u odam kal bo‘lgani bilan pok hisoblanadi. Bordi–yu, boshning kal joyida qizg‘ish–oq dog‘ paydo bo‘lsa, bu teri kasalligidir. Ruhoniy uni ko‘rsin. Agar shish haqiqatan teri kasalligi singari qizg‘ish–oq tusda bo‘lsa, demak, odam kasallangan, u haromdir. Boshidagi yarasi tufayli ruhoniy uni harom deb e’lon qilsin. Bunday yomon teri kasalliklaridan biriga chalingan odam kiyimlarini yirtsin, sochini to‘zsin, yuzining quyi qismini berkitsin. So‘ng: “Harom! Harom!” deb baqirsin. U odam kasalligi davomida harom hisoblanadi. U alohida, qarorgohdan tashqarida yashasin. Agar kiyimni mog‘or bossa, jun yoki zig‘ir matosidan tikilgan kiyimni, jun yoki zig‘irdan to‘qilgan matoni, charmni yo charmdan yasalgan buyumni bosgan o‘sha mog‘or ko‘kimtir yoki qizg‘ish rangda bo‘lsa, bu yoyiladigan zamburug‘dir, uni ruhoniyga ko‘rsatish lozim. Ruhoniy mog‘orni tekshirsin, so‘ng zararlangan narsani yetti kunga olib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy uni yana ko‘rsin. Agar mog‘or kiyimga, to‘qilgan matoga yo charmdan yasalgan har qanday buyumga yoyilgan bo‘lsa, bu yoyiladigan zamburug‘dir. Zararlangan narsa harom hisoblanadi. Ruhoniy o‘sha narsani kuydirsin. Buyum yoyiladigan zamburug‘ bilan zararlangani uchun uni kuydirib yuborish kerak. Bordi–yu, mog‘or kiyimga, matoga yoki charmga yoyilmagan bo‘lsa, ruhoniy zararlangan o‘sha narsani yuvdirsin. So‘ng uni yana yetti kunga olib qo‘ysin. Ruhoniy yuvilgan o‘sha narsani yana tekshirsin. Agar mog‘orlagan joyning rangi o‘zgarmagan bo‘lsa, mog‘or yoyilmagan taqdirda ham harom hisoblanadi. Narsaning mog‘orlagan joyi ichki yoki tashqi tomonida bo‘lishidan qat’iy nazar, uni kuydirib yuboring. Bordi–yu, ruhoniy yuvilgan narsani tekshirganda mog‘orning rangi o‘chgan bo‘lsa, ruhoniy kiyim, mato yoki charmdagi mog‘orlagan joyni yulib olsin. Agar mog‘or o‘sha narsada yana paydo bo‘lsa, zamburug‘ yana ko‘payishni boshlagandir, narsaning egasi uni kuydirib yuborsin. Bordi–yu, yuvilgandan keyin narsadagi mog‘or ketsa, uni ikkinchi marta yuving va u pok bo‘ladi. Jun yoki zig‘ir matosidan tikilgan kiyimda, jun yoki zig‘irdan to‘qilgan matoda va charmdan yasalgan har qanday buyumda hosil bo‘lgan yoyiladigan zamburug‘ga oid qoidalar shulardan iboratdir. Bular sizlarga halolni haromdan ajrata olishingiz uchun xizmat qiladi. Egamiz Musoga xasta odamning poklanish marosimiga oid quyidagi qoidalarni berdi: teri kasalligidan forig‘ bo‘lgan odamni ruhoniyning oldiga olib keling. Ruhoniy uni qarorgohdan tashqarida ko‘rsin. Agar o‘sha odam haqiqatan ham qasalligidan forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, ruhoniy uni poklash uchun ikkita halol tirik qushni, sadr yog‘ochini, qirmizi ipni va issop o‘tining bir tutamini keltirsin. Ruhoniyning amriga binoan qushlarning bittasi yangi buloq suvi solingan sopol idish ustida bo‘g‘izlansin. So‘ng ruhoniy tirik qushni, sadr yog‘ochini, qirmizi ipni va issopni olib, buloq suvi ustida bo‘g‘izlangan qushning qoniga botirsin. Keyin qonni teri kasalligidan poklanadigan odamning ustiga yetti marta sepsin. Ruhoniy o‘sha odamni pok, deb e’lon qilsin va tirik qushni dalaga qo‘yib yuborsin. Poklanadigan odam kiyimlarini yuvsin. Hamma sochini qirib tashab, yuvinsin, shunda u pok bo‘ladi. Shundan keyin u qarorgohga kirsin, lekin yetti kun davomida chodirining tashqarisida yashasin. Yettinchi kuni u yana sochini, soqolini, qoshlarini va hamma tuklarini qirsin. So‘ng kiyimlarini yuvib, o‘zi ham yuvinsin, shunda u pok bo‘ladi. Sakkizinchi kuni u ikkita nuqsonsiz qo‘chqor qo‘zini va bitta bir yoshli nuqsonsiz urg‘ochi qo‘zini, don nazri sifatida zaytun moyi qo‘shilgan o‘n ikki kosa sifatli unni va bir kosa zaytun moyini olib kelsin. Poklanish marosimini olib borayotgan ruhoniy poklanadigan odamni va uning olib kelgan qurbonligu nazrlarini Egamizning oldiga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga qo‘ysin. So‘ng qo‘zining bittasini bir kosa zaytun moyi bilan birga ayb qurbonligi sifatida keltirsin. O‘sha narsalarni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatib, yuqoriga ko‘tarsin. U qo‘zini muqaddas joyda, gunoh qurbonligi va kuydiriladigan qurbonlik bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. Ayb qurbonligi gunoh qurbonligi singari ruhoniyga tegishlidir. Bu qurbonlik nihoyatda muqaddasdir. Ruhoniy ayb qurbonligining qonidan olib, poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtsin. So‘ng kosadagi zaytun moyidan olib, o‘z qo‘lining chap kaftiga quysin. O‘ng qo‘lining barmog‘ini chap kaftidagi zaytun moyiga botirib, yetti marta Egamizning oldida sepsin. Chap kaftida qolgan zaytun moyidan poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘li bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘i bosh barmog‘iga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. Ortib qolgan moyni esa poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yo‘sin, ruhoniy poklanish marosimini o‘tkazsin. Keyin ruhoniy gunoh qurbonligini keltirib, poklanish marosimini o‘tkazsin. U kuydiriladigan qurbonlikni so‘yib, don nazri bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Ruhoniy shu yo‘sin poklanish marosimini o‘tkazsin, shunda kasallikdan forig‘ bo‘lgan odam pok bo‘ladi. Bordi–yu, u odam kambag‘al bo‘lib, bularni qurbonlik qilishiga qurbi yetmasa, u poklanishi uchun yuqoriga ko‘tariladigan ayb qurbonligi sifatida bitta qo‘chqor qo‘zini, don nazri uchun zaytun moyi qo‘shilgan to‘rt kosa sifatli unni va bir kosa zaytun moyini olib kelsin. Bulardan tashqari, imkoniyatiga ko‘ra ikkita kaptarni yoki ikkita musichani olib kelsin. Biri gunoh qurbonligi, ikkinchisi kuydiriladigan qurbonlik uchundir. U bu narsalarni sakkizinchi kuni poklanish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga, Egamizning oldiga olib kelib, ruhoniyga bersin. Ruhoniy ayb qurbonligi uchun keltirilgan qo‘zini va bir kosa zaytun moyini olib, Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun Egamizning oldida yuqoriga ko‘tarsin. So‘ng qo‘zini so‘ysin, qonidan olib, poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtsin. Keyin ruhoniy chap qo‘lining kaftiga zaytun moyidan quysin. O‘ng qo‘lining barmog‘i bilan o‘sha moyni yetti marta Egamizning oldida sepsin. So‘ng qo‘lidagi moydan poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. Qo‘lidagi ortib qolgan moyni poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yo‘l bilan ruhoniy poklanish marosimini o‘tkazsin. So‘ng ruhoniy kaptarlarni yoki musichalarni qurbon qilsin. Bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini kuydiriladigan qurbonlik qilib, don nazri bilan birga keltirsin. Shunday qilib, ruhoniy poklanish marosimini o‘tkazsin. Bu qoidalar teri kasalligidan forig‘ bo‘lgan, lekin poklanish marosimi uchun kerakli qurbonliklarni keltirishga qurbi yetmagan odam uchundir. Muso bilan Horunga Egamiz mog‘or bosgan uylarga oid quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarga mulk qilib beradigan Kan’on yurtiga borganingizdan keyin sizlarga qarashli yurtdagi uyni mog‘or bostirishi mumkin. Shunda xonadon sohibi ruhoniyning oldiga borib: “Uyimni mog‘or bosganga o‘xshaydi”, — deb aytsin. Uydagi narsalar harom deb e’lon qilinmasligi uchun, ruhoniy mog‘orni ko‘rishga kirishdan oldin, uydagi hamma narsalarni chiqartirishni buyursin. Shundan so‘ng uyni ko‘zdan kechirish uchun ichkariga kirib, mog‘or bosgan devorlarni ko‘rsin. Agar mog‘orning ko‘kimtir yoki qizg‘ish dog‘lari bo‘lib, devorga chuqur botib kirgan bo‘lsa, ruhoniy tashqariga chiqib, uyni yetti kunga berkitib qo‘ysin. Yettinchi kuni ruhoniy qaytib kelib, uyni yana ko‘rsin. Agar mog‘or devorga yoyilib ketgan bo‘lsa, ruhoniy mog‘or yoyilgan devordagi toshlarni ko‘chirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga olib borib tashlashni buyursin. So‘ng uy ichkarisidagi devorlarning suvog‘ini ko‘chirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga chiqartirib tashlatsin. Ko‘chirib olingan toshlar o‘rniga boshqa toshlar qo‘ydirib, uyning ichini yangidan suvoq qildirsin. Agar shundan keyin ham uyni mog‘or bossa, ruhoniy kelib uyni ko‘rsin. Mog‘or devorlarga yoyilgan bo‘lsa, bu yoyiladigan zamburug‘dir. Uy harom hisoblanadi. Uy buzib tashlansin, uning tosh, yog‘och va suvog‘ini shahar tashqarisidagi harom joyga olib chiqib tashlashsin. Uy yopiq paytida u yerga kirgan har qanday odam kechgacha harom hisoblanadi. O‘sha uyda uxlagan yoki u yerda ovqatlangan har qanday odam kiyimlarini yuvsin. Bordi–yu, uy yangidan suvoq qilingandan keyin ruhoniy kelib, uyni ko‘rganda devorlarni mog‘or bosmagan bo‘lsa, ruhoniy uyni pok deb e’lon qilsin. Mog‘or yo‘q bo‘lgan bo‘ladi. Uyni poklash uchun ruhoniy ikkita qushni, sadr yog‘ochini, qirimizi ipni va issop o‘tining bir tutamini olsin. Qushning birini sopol idishdagi yangi buloq suv ustida so‘ysin. So‘ng sadr yog‘ochini, issopning tutamini, qirmizi ipni va tirik qushni olib, ularni buloq suvi ustida bo‘g‘izlangan qushning qoniga botirsin–da, uyga yetti marta sepsin. Shu yo‘l bilan uyni poklagandan keyin, tirik qushni shahar chekkasiga olib chiqib, dalaga qo‘yib yuborsin. Shu tariqa ruhoniy uy uchun poklash marosimini o‘tkazsin, shunda uy pok bo‘ladi. Teri kasalligiga va yoyiladigan zamburug‘larga oid qoidalar shudir. Bu qoidalar teridagi qichitmaning, uy va kiyimlardagi mog‘orlarning, teridagi shish, toshma yoki dog‘larning halol yoki harom ekanligini bilish uchun xizmat qiladi. Xullas, teri kasalligi va yoyiladigan zamburug‘larga oid qoidalar shulardan iborat. Egamiz Muso va Horun orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: kasallik tufayli biror erkakning jinsiy a’zosidan ajralmalar oqsa, u odam harom bo‘ladi. Ajralma oqishi davom etsa ham, yo‘li yopilgandan tana ichida qolsa ham, odam harom hisoblanadi. Bunday odam to‘shakka yotsa, to‘shak harom bo‘ladi, o‘tirgan har qanday joy ham harom hisoblanadi. Uning to‘shagiga tekkan har qanday odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ajralmasi oqqan odam o‘tirgan joyga kim o‘tirsa, kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ajralmasi oqqan odamga tekkan har kim kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ajralmasi oqqan odam pok odamga tupursa, u odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ajralmasi oqqan odam egarda o‘tirgan bo‘lsa, egar harom hisoblanadi. Bunday odamning o‘tirgan narsasiga tekkan har kim kechgacha harom bo‘ladi. Kim o‘sha narsani ko‘tarib borsa, kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ajralmasi oqqan odam qo‘lini yuvmasdan kimga tegsa, o‘sha odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ajralmasi oqqan odam tekkan har qanday sopol idish sindirib tashlansin, yog‘och idish esa yuvilsin. Ajralmasi oqqan odam kasalligidan xalos bo‘lgach, yetti kun kutsin. So‘ng kiyimlarini yuvib, buloq suvida yuvinsin va u pok bo‘ladi. Sakkizinchi kuni u ikkita kaptar yoki ikkita musichani Egamizning oldiga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, ruhoniyga bersin. Ruhoniy qushlarning bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini esa kuydiriladigan qurbonlik qilsin. Shu tariqa ruhoniy ajralmasi oqqan odamni Egamizning oldida haromligidan poklasin. Agar biror erkakdan maniy oqsa, u butun badanini yuvsin. U kechgacha harom bo‘ladi. Maniy tekkan har qanday kiyim va charm yuvilsin, o‘sha narsalar kechgacha harom bo‘ladi. Erkak ayol bilan yotgandan keyin, erkakdan maniy oqsa, ikkovi ham yuvinishsin. Ular kechgacha harom bo‘ladilar. Ayol kishi hayz ko‘rib, badanidan qon oqqanda, u yetti kun davomida harom hisoblanadi. Unga tekkan odam ham kechgacha harom bo‘ladi. Ayol haromligida yotgan va o‘tirgan hamma narsa haromdir. Uning to‘shagiga tekkan odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin. U kechgacha harom bo‘ladi. Ayol o‘tirgan buyumga tekkan odam ham kiyimlarini yuvib, o‘zi ham yuvinsin. U kechgacha harom bo‘ladi. Bordi–yu, ayolning to‘shagi yoki o‘tirgan buyumi ustida biron narsa bo‘lsa, o‘sha narsaga tekkan odam ham kechgacha harom bo‘ladi. Agar erkak hayz ko‘rgan ayol bilan yotsa, ayolning haromligi erkakka o‘tgan bo‘ladi. Erkak ham yetti kun davomida harom bo‘lib, u yotgan har bir to‘shak harom hisoblanadi. Agar ayolning hayz ko‘rgan paytdan tashqari qoni kelsa va bu ahvol uzoq vaqt davom etsa yoki hayz ko‘rgan davri cho‘zilib ketsa, ayol qon to‘xtaguncha harom hisoblanadi. Hayz ko‘rgan kunlariday harom bo‘ladi. O‘sha vaqt davomida ayol yotgan har qanday to‘shak va o‘tirgan har qanday buyum, hayz ko‘rgan kunlariday harom bo‘ladi. O‘sha narsalarga tekkan odam harom hisoblanadi. U kiyimlarini yuvib, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ayolning qoni to‘xtasa, oradan yetti kun o‘tsin. Shundan keyin u pok bo‘ladi. Sakkizinchi kuni u ikkita kaptar yoki ikkita musichani Uchrashuv chodirining kiraverishiga olib kelib, ruhoniyga bersin. Ruhoniy qushlardan bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini kuydiriladigan qurbonlik qilsin. Shu yo‘sin ruhoniy hayz ko‘rgan ayolni haromligidan poklasin. Xullas, Isroil xalqini haromlikdan saqlanglar. Tag‘in ular haromligi bilan oralaridagi Muqaddas chodirimni bulg‘ab qo‘yib, nobud bo‘lmasinlar. Bu qoidalar jinsiy a’zosidan maniy oqqan erkaklarga, hayz ko‘rgan ayollarga, har qanday ajralmasi oqqan erkagu ayollarga va ayolning haromligi davrida u bilan yotgan erkaklarga taalluqlidir. Horunning ikki o‘g‘li Egamiz amr etmagan begona olovni olib kelib, nobud bo‘lganlaridan so‘ng, Egamiz Musoga gapirib, shunday dedi: “Akang Horunga ayt, u ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xonaga xohlagan paytida kirmasin. U yerdagi ahd sandig‘ining qopqog‘i oldiga bormasin. Aks holda u nobud bo‘ladi. Zotan Men o‘sha qopqoq ustida bulut orasida zohir bo‘laman.” Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: Horun Muqaddas xonaga kirishidan oldin bitta buqani gunoh qurbonligi va bitta qo‘chqorni kuydiriladigan qurbonlik qilishi lozim. U ustiga zig‘ir matosidan tikilgan muqaddas ko‘ylakni, ichidan zig‘ir ishtonni kiyib olsin, beliga zig‘ir belbog‘ bog‘lab, boshiga zig‘ir matosidan salla taqib olsin. Bu muqaddas liboslardir. Shuning uchun u bu liboslarni kiyishdan oldin yuvinsin, shundan so‘nggina ularni kiysin. So‘ng Isroil jamoasidan gunoh qurbonligi uchun ikkita takani va kuydiriladigan qurbonlik uchun bitta qo‘chqorni olsin. Horun o‘zini va xonadonini gunohdan poklash uchun buqani gunoh qurbonligi sifatida keltirsin. So‘ng ikkita takani Uchrashuv chodiri kiraverishiga yetaklab kelib, Egamizga taqdim qilsin. O‘sha yerda ikkala taka uchun qur’a tashlasin, qaysi birini Egamizga qurbonlik qilishni va qaysi birini qo‘yib yuborishni aniqlasin. Horun qur’a bo‘yicha Egamizga tegishli takani keltirib, gunoh qurbonligi qilsin. Qo‘yib yuboriladigan takani esa tiriklayin Egamizning oldiga olib kelsin. Bu taka xalqni gunohdan poklash uchun cho‘lga haydab yuboriladi. Horun o‘zini va xonadonini gunohdan poklash uchun olib kelgan buqani so‘yib, gunoh qurbonligi qilsin. So‘ng otashkuragiga Egamiz oldida turgan qurbongohdagi cho‘g‘lardan solsin. Ikki hovuch tuyilgan xushbo‘y tutatqidan olib, ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xonaga kirsin. Bu tutatqilarni Egamizning oldida yonib turgan cho‘g‘lar ustiga tashlasin. Tutatqidan hosil bo‘lgan bulut ahd sandig‘ining qopqog‘ini berkitadi. Shunda Horun o‘lmaydi. Horun buqaning qonidan olib, barmog‘i bilan qopqoqqa bir marta sepsin, so‘ng qopqoqning oldida yetti marta sepsin. So‘ngra xalqni gunohlaridan poklash uchun takani so‘ysin. Qonidan Eng muqaddas xonaga olib kirsin. Buqaning qonini sepganday takaning qonini ham qopqoqning old tomoniga va uning oldida sepsin. Shu tariqa u Eng muqaddas xonani Isroil xalqining nopokliklaridan, itoatsizliklaridan va gunohlaridan poklash uchun marosim o‘tkazsin. Butun Uchrashuv chodiri uchun ham, shu singari poklash marosimini o‘tkazsin. Chunki bu chodir bulg‘angan xalq orasida o‘rnatilgandir. Horun Eng muqaddas xonaga kirib, o‘zini, xonadonini va Isroil jamoasini gunohdan poklab chiqmaguncha hech kim Uchrashuv chodiriga kirmasin. So‘ng Horun tashqariga chiqib, Egamiz oldida turgan qurbongohni poklash uchun marosim o‘tkazsin. Buqaning va takaning qonidan olib, qurbongohning har bir shoxiga surtib chiqsin. Qurbongohga yetti marta barmog‘i bilan qonni sepsin. Shu yo‘l bilan qurbongohni Isroil xalqining nopokliklaridan poklab, muqaddas qilsin. Horun Eng muqaddas xona, Uchrashuv chodiri va qurbongoh uchun poklash marosimini o‘tkazib bo‘lgach, tirik takani yetaklab kelsin. U ikkala qo‘lini takaning boshiga qo‘ysin, Isroil xalqining hamma haqsizliklarini, hamma itoatsizliklarini va hamma gunohlarini birma–bir e’tirof etib, takaning boshiga yuklasin. Takani cho‘lga haydab yuborish uchun mas’ul bo‘lgan odam takani olib ketsin. O‘sha odam takani cho‘lga qo‘yib yuborgandan keyin, taka o‘zi bilan xalqning gunohlarini kimsasiz joyga olib ketadi. Shundan keyin Horun Uchrashuv chodiriga kirib, Eng muqaddas xonaga kiyib kirgan zig‘ir matosidan tikilgan liboslarini yechsin–da, ularni o‘sha yerda qoldirsin. U muqaddas joyda butun badanini yuvib, kundalik ruhoniy kiyimlarini kiyib olsin. So‘ng tashqariga chiqib, o‘zining va xalqning kuydiriladigan qurbonliklarini ado etsin. Shu tariqa o‘zini ham, xalqni ham gunohdan poklasin. Gunoh qurbonligining yog‘ini qurbongoh ustida kuydirsin. Qo‘yib yuboriladigan takani cho‘lga haydab yuborgan odam kiyimlarini va butun badanini yuvsin. Shundan so‘nggina u qarorgohga kira oladi. Gunoh qurbonligi qilingan va qoni Isroil xalqini gunohdan poklash uchun Eng muqaddas xonaga olib kirilgan buqa va takaning tanasi qarorgohning tashqarisiga olib chiqilsin. Bularning terisi, tanasi va ichak–chovoqlari kuydirib yuborilsin. Bularni kuydirgan odam kiyimlarini va butun badanini yuvsin. Shundan so‘nggina u qarorgohga kira oladi. Quyidagilar sizlar uchun doimiy qonun–qoida bo‘lsin: yettinchi oyning o‘ninchi kunida ro‘za tutinglar, hech qanday ish qilmanglar. Bu Isroil xalqiga va orangizdagi musofirlarga birday taalluqlidir. Zotan o‘sha kuni ruhoniy sizlarni gunohlaringizdan poklaydi. Shunda sizlar Egamiz oldida barcha gunohlaringizdan forig‘ bo‘lasizlar. O‘sha kun sizlar uchun dam olish Shabbat kunidir, ro‘za tutinglar. Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Bobosi Horun o‘rniga oliy ruhoniylikka bag‘ishlanib, moy surtilgan ruhoniy muqaddas zig‘ir liboslarini kiyib, sizlarni gunohlaringizdan poklasin. U Eng muqaddas xonani, Uchrashuv chodirini, qurbongohni, ruhoniylarni va butun Isroil jamoasini poklash uchun marosim o‘tkazsin. Yilda bir marta Isroil xalqi barcha gunohlaridan poklansin. Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Egamiz nimani amr etgan bo‘lsa, Muso hammasini ado etdi. Egamiz Muso orqali Horunga, uning o‘g‘illariga va jamiki Isroil xalqiga quyidagi amrlarni berdi: agar Isroil xalqidan birortasi qarorgohda yoki qarorgoh tashqarisida buqa, qo‘zi yoki echkini qurbonlik qilsayu, uni Egamizga taqdim qilish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelmasa, o‘sha odam qon to‘kkani uchun aybdor hisoblansin. Qon to‘kkan bu odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. Bu qoida Isroil xalqining dalalarda qurbonliklar qilishlariga chek qo‘yadi. Ular qurbonliklarini ruhoniyga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keladigan bo‘lishadi va qurbonliklarini tinchlik qurbonligi qilib, Egamizga bag‘ishlashadi. Ruhoniy qurbonlikning qonini Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan Egamizning qurbongohiga sepsin. So‘ng Egamizga yoqimli hid borishi uchun qurbonlikning yog‘ini kuydirsin. Bundan buyon Isroil xalqi o‘z qurbonliklarini echki jinlariga keltirmasin, shu yo‘sin Egamizga bevafolik qilmasin. Bu qoidaga ular doimo, avlodlari osha rioya qilishsin. Isroil xalqidan yoki ularning oralarida istiqomat qilayotgan musofirlardan birortasi quydiriladigan va boshqa qurbonliklar qilsayu, o‘shalarni Egamizga nazr qilish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelmasa, u odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. Agar Isroil xalqidan yoki ularning oralarida istiqomat qilayotgan musofirlardan birortasi qoni chiqarilmagan go‘shtni yesa, Egamiz qon iste’mol qilgan o‘sha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yo‘q qilib yuboradi. Zotan jonzotning joni uning qonidir. Egamiz qonni sizlarga qurbongoh ustida gunohlaringizni yuvish uchun bergan. Jon ato etadigan qon sizlarni gunohlaringizdan poklaydi. Shuning uchun Egamiz Isroil xalqiga: “Qoni chiqarilmagan go‘shtni zinhor iste’mol qilmang, oralaringizda yashayotgan musofir ham qonni iste’mol qilmasin.” — deb aytgan. Ovlangan halol hayvon yoki qushning qonini chiqaringlar. Qonni tuproq bilan ko‘mib qo‘yinglar. Bu qoida Isroil xalqiga va ularning orasida istiqomat qilayotgan musofirlarga taalluqlidir. Har bir jonzotning joni uning qonidir. Shu bois Egamiz Isroil xalqiga aytdi: “Qoni chiqarilmagan go‘shtni yemanglar. Zotan har bir jonzotning joni qondadir. Qon iste’mol qilgan odam xalqi orasidan yo‘q qilinsin.” Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajib tashlagan jonivorning go‘shtini yegan har bir odam, Isroil xalqidan yoki boshqa xalqdan bo‘lishidan qat’iy nazar, kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin. U kechgacha harom bo‘lib, so‘ng yana pok bo‘ladi. Bordi–yu, u kiyimlarini yuvmasa, o‘zi ham yuvinmasa, qilgan gunohi uchun jazoga tortiladi. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “Men Egangiz Xudoman. Sizlar yashab yurgan Misr xalqining odatlariga va Men sizlarni olib borayotgan Kan’on yurtidagi xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ularning udumlariga ergashmanglar. Faqat Mening qonunlarimga itoat etinglar, qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Zotan Men Egangiz Xudoman. Qonun–qoidalarimga amal qilinglar. Ularga rioya qilgan odam hayotdan bahramand bo‘lar. Men Egangizman. Tug‘ishgan yaqin qarindoshingiz bilan yotmang. Men Egangizman. Onangiz bilan yotib, otangizning sha’niga dog‘ tushirmang. U onangiz bo‘lgani uchun u bilan yotmang. Otangizning xotini bilan yotmang, bunday qilib otangizning sha’niga dog‘ tushirmang. Tug‘ishgan yoki o‘gay opa–singlingiz bilan yotmang. U otangizning qizi yoki onangizning qizi bo‘lishidan qat’iy nazar, siz bilan bir uyda katta bo‘lgan yoki boshqa joyda o‘sganidan qat’iy nazar, u bilan yotmang. O‘z nevarangiz — o‘g‘lingizning qizi yoki qizingizning qizi bilan yotmang. Bunday qilib o‘z sha’ningizga dog‘ tushirmang. Otangizdan tug‘ilgan, o‘gay onangizning qizi bilan yotmang, chunki u sizning o‘gay singlingizdir. Ammangiz bilan yotmang, chunki u otangizning jigaridir. Xolangiz bilan yotmang, chunki u onangizning jigaridir. Amakingizning sha’niga dog‘ tushirib, uning xotini bilan yotmang. Axir, u sizning kelin oyingizdir. Keliningiz bilan yotmang. U o‘g‘lingizning xotinidir. Aka–ukangizning xotini bilan yotmang. Bunday qilib akangizning sha’niga dog‘ tushirmang. Siz biror ayol bilan yotgan bo‘lsangiz, o‘sha ayolning qizi yoki qiz nevarasi bilan yotmang. U o‘g‘lining qizi yoki qizining qizi bo‘lishidan qat’iy nazar, u bilan yotmang, ular qondoshdir. Bunday qilish buzuqlikdir. Xotiningizning singlisini xotiningizga kundosh qilmang. Xotiningiz tirik ekan, uning singlisi bilan yotmang. Hayz ko‘rib harom bo‘lgan ayol bilan yotmang. Qo‘shningizning xotini bilan jinsiy aloqa qilib, o‘zingizni bulg‘amang. Bolalaringizning birortasini Mo‘laxga qurbonlik qilib, Men, Xudoyingizni badnom qilmang. Men Egangizman. Ayol bilan yotganday, erkak kishi bilan yotmang. Bu jirkanchdir. Hayvon bilan jinsiy aloqa qilib, o‘zingizni bulg‘amang. Ayol kishi ham o‘zini hayvonga qo‘yib berib, u bilan jinsiy aloqa qilmasin. Bu Xudo yaratgan tartibning buzilishidir. Bunday ishlar qilib o‘zingizni bulg‘amang. Men oldingizdan haydayotgan xalqlar ana shunday ishlari tufayli bulg‘angan edilar. Natijada butun yurt harom bo‘lib ketdi. Men yurtni jazoladim, yurt esa u yerdagi xalqlarni qusib yubordi. Sizlar Mening qonun–qoidalarimga rioya qilinglar. Isroil xalqidan bo‘lganlar va orangizda yashayotgan musofirlar bunday jirkanch ishlarni qilmasin. Zotan sizlardan oldin mana shu yurtda yashagan xalqlar bu jirkanch ishlarning hammasini qilib, yurtni bulg‘agan edilar. Agar sizlar ham yurtni bulg‘asangiz, bu yurt oldingi xalqlarni qusib yuborganday sizlarni ham qusib yuboradi. Bunday jirkanch ishni qilgan har qanday odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. Xullas, talablarimni bajaringlar. Sizlardan oldin bu yurtda qilingan jirkanch ishlarni qilib, o‘zingizni bulg‘amanglar. Zotan Men Egangiz Xudoman.” Egamiz Muso orqali butun Isroil jamoasiga shunday dedi: “ Muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Egangiz Xudo, muqaddasman. Har biringiz ota–onangizni hurmat qiling. Shabbat kunlarimga rioya qiling. Zotan Men Egangiz Xudoman. Butlarga sajda qilmang, o‘zlaringiz uchun butlar yasamang. Men Egangiz Xudoman.” Tinchlik qurbonligini Menga keltirganingizda qoidalarga rioya qiling, toki qurbonligingiz qabul bo‘lsin. Qurbonlikning go‘shtini qurbonlik qilingan kuni yoki ertasi kuni tanovul qiling. Uchinchi kuni ortib qolgan go‘shtni kuydiring. Bordi–yu, qurbonlikning go‘shti uchinchi kuni yeyilsa, qurbonligingiz bulg‘angan hisoblanib, qabulga o‘tmaydi. Undan yegan har bir odam Mening muqaddas deb bilgan narsamni bulg‘agani uchun, jazoga tortilsin. Bunday odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. Dalangiz hosilini o‘rganingizda dalaning eng chetidagi bug‘doyni o‘rmang, yerga tushib qolgan bug‘doy boshoqlarini ham termang. Uzumzoringiz hosilini yiqqaningizdan keyin, toklarda qolib ketgan va yerga tushib qolgan uzum boshlarini yig‘ib olmang. Ularni kambag‘al va musofirlarga qoldiring. Men Egangiz Xudoman. O‘g‘irlik qilmang, aldamang, birovga yolg‘on gapirmang. Mening nomim bilan yolg‘ondakam ont ichmang. Shu orqali Men, Xudoyingizni badnom qilmang. Men Egangizman. Qo‘shningizni tovlamang, uni talamang. Mardikorning haqini ertalabgacha olib qolmang. Kar odamni qarg‘amang. Ko‘r odamning yo‘liga to‘siq qo‘ymang. Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangizman. Hukm chiqarganda haqsizlik qilmang. Faqirning yonini bosmang, obro‘li odamning ham ko‘ngliga qarab ish tutmang. Qo‘shningizni adolat bilan hukm qiling. Odamlar orasida qo‘shningizni g‘iybat qilib, uning jonini xavf ostiga qo‘ymang. Men Egangizman. Dilingizda birodaringizga qarshi gina qilmang. Qo‘shningizning aybini ochiq yuziga soling, shunda siz uning aybi uchun jazoga tortilmaysiz. Qasos olmang, yurtdoshingizga qarshi kek saqlamang. Aksincha, o‘zgani o‘zingizni sevganday seving. Men Egangizman. Qonun–qoidalarimga rioya qiling. Molingizni boshqa turdagi hayvonlar bilan chatishtirmang. Dalangizga ikki xil urug‘ sepmang. Ustingizga ikki xil ipdan to‘qilgan kiyimni kiymang. Agar erkak kishi boshqa birovga unashtirib qo‘yilgan cho‘ri bilan yotsa, u keltirgan zararni to‘lashi lozim. Cho‘ri hali ozodlikka chiqarilmagani uchun, ularga o‘lim jazosi berilmasin. Erkak ayb qurbonligi sifatida bir qo‘chqorni Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, Menga taqdim qilsin. Ruhoniy qo‘chqorni ayb qurbonligi qilib, o‘sha odamni Mening oldimda gunohidan poklasin. Shunda uning qilgan gunohi kechiriladi. Sizlar Kan’on yurtiga kirib, turli xil mevali daraxtlar ekkaningizdan keyin, uch yil davomida ularning mevasidan yemang. Ularni yeyish man etilsin. To‘rtinchi yili hamma mevalar shukrona nazri sifatida Menga bag‘ishlansin. Beshinchi yili esa mevalarini yeyishingiz mumkin. Shunday qilsangiz, daraxtlaringiz serhosil bo‘ladi. Men Egangiz Xudoman. Qoni chiqarilmagan go‘shtni yemang. Ta’birchilarga e’tiqod qilmang, fol ochtirmang. Chakkangizdagi sochlaringizni qirmang, soqolingizning uchini qirqmang. Aza tutganingizda marhum uchun badaningizni kesmang, teringizni teshib sur’at solmang. Zero, Men Egangizman. Qizingizni fohishalik qilishiga undab, uni bulg‘amang. Toki yurt zinoga botmasin, buzuqlik avj olmasin. Mening Shabbat kunlarimga rioya qiling, muqaddas makonimni izzat eting. Men Egangizman. Arvoh chaqiruvchilarning oldiga bormang, folbinlarga maslahat solmang. Ular tufayli o‘zingizni bulg‘amang. Men Egangiz Xudoman. Mo‘ysafidni ko‘rganingizda o‘rningizdan turing, qariyaning hurmatini joyiga qo‘ying. Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangizman. Yurtingizda yashab yurgan musofirga zulm qilmang. Unga o‘z yurtdoshingizday qarang. Musofirni o‘zingizni sevganday seving, chunki sizlar ham Misr yurtida musofir edingizlar. Men Egangiz Xudoman. Uzunlikni, og‘irlikni va miqdorni o‘lchaganda g‘irromlik qilmang. Tarozingiz, qadoq toshlaringiz, o‘lchov tog‘orayu kosalaringiz to‘g‘ri bo‘lsin. Sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan Egangiz Xudoman. Qonun–qoidalarimning hammasini bitta qoldirmay bajaringlar. Men Egangizman.” Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “O‘z bolasini Mo‘laxga qurbonlik qilgan har qanday odamga, Isroil xalqidan yoki yurtingizda yashagan musofir bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘lim jazosi berilsin. Butun jamoa uni toshbo‘ron qilsin. Men O‘zim bunday odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yo‘q qilib yuboraman, chunki u farzandini Mo‘laxga qurbonlik qilib, Muqaddas chodirimni bulg‘agan bo‘ladi, Meni, Muqaddas Xudoni badnom etgan bo‘ladi. Bordi–yu, jamoa bu odamning qilmishidan ko‘z yumib, uni o‘ldirmasa, Men O‘zim jamoaga va ularning barcha xonadonlariga qarshi chiqaman. Ularni xalq orasidan yo‘q qilaman. Menga bevafolik qilib, Mo‘laxga sig‘inadigan barcha izdoshlarini ular qatori qirib yuboraman. Agar biror odam Menga bevafolik qilib, arvoh chaqiruvchiga va folbinga maslahat solsa, Men o‘sha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yo‘q qilib yuboraman. O‘zlaringizni Menga bag‘ishlanglar, muqaddas bo‘linglar. Men Egangiz Xudoman. Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. Otasini yoki onasini xo‘rlagan har qanday odamga o‘lim jazosi berilsin. Uning qoni o‘z gardanida qoladi. Agar erkak qo‘shnisining xotini bilan zino qilsa, ikkovi ham o‘ldirilsin. Otasining xotini bilan yotgan erkak otasining sha’niga dog‘ tushirgan bo‘ladi. Bunday erkak va ayol o‘ldirilsin. Ularning qoni o‘z gardanida qoladi. Agar erkak o‘z kelini bilan yotsa, ikkovi ham o‘ldirilsin. Ular Xudo yaratgan tartibni buzgan hisoblanadilar. Ularning qoni o‘z gardanida qoladi. Agar erkak ayol bilan yotganday boshqa erkak bilan yotsa, ularning ikkovi jirkanch ish qilgan bo‘ladilar. Ikkovi ham o‘ldirilsin, ularning qoni o‘z gardanida qoladi. Agar erkak xotin olib, xotinining onasiga ham uylansa, u buzuqlik qilgan bo‘ladi. Ularning uchalovi ham tiriklayin olovga tashlansin. Orangizdan buzuqlikni yo‘q qiling. Agar erkak hayvon bilan jinsiy aloqa qilsa, u o‘lim jazosini olsin. Hayvon ham o‘ldirilsin. Agar ayol hayvonning oldiga borib jinsiy aloqa qilsa, ayolni ham, hayvonni ham o‘ldiring. Ularning qoni o‘z gardanida qoladi. Agar erkak o‘z singlisiga — otasining yoki onasining qiziga uylanib, u bilan qovushsa, sharmandalikka yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Ularning ikkovi ham xalqning ko‘zi oldida yo‘q qilinsin. U singlisining sha’niga dog‘ tushirgani uchun jazoga tortilsin. Agar erkak hayz ko‘rgan ayol bilan yotsa, ikkalasi ayolning hayz manbaini ochgan hisoblanadi. Ularning ikkovi ham xalq orasidan yo‘q qilinsin. Xolangiz yoki ammangiz bilan yotmang. Bunday qilgan odam o‘z qondoshining sha’niga dog‘ tushirgan bo‘ladi. Ularning ikkovi ham jazoga tortilsin. Agar erkak amakisining xotini bilan yotsa, u amakisining sha’niga dog‘ tushirgan bo‘ladi. Erkak ham, ayol ham jazoga tortilsin. Ular farzand ko‘rmay o‘tib ketishadi. Agar erkak akasining yoki ukasining xotiniga uylansa, yaramas ish qilgan bo‘ladi. U akasining yo ukasining sha’niga dog‘ tushirgani uchun, ular farzandsiz o‘tib ketishadi. Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar, toki Men sizlarni olib borayotgan yurt sizlarni qusib yubormasin. Men oldingizdan quvib yuborayotgan xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ular bu ishlarning hammasini qilganlari uchun, Men ulardan jirkanib ketdim. Sizlar ularning sut va asal oqib yotgan yurtini mulk qilib olasizlar, deb Men sizlarga va’da qilgan edim. O‘sha yurtni sizlarga Men beraman. Men Egangiz Xudoman. Sizlarni xalqlar orasidan ajratib olganman. Shunday ekan, sizlar halol bilan harom hayvonning farqiga, halol bilan harom qushning farqiga borishingiz lozim. Harom hayvonu qushlarni va yerda sudralib yuruvchilarni yeb o‘zingizni bulg‘amang. Men ularni harom, deb e’lon qilganman. O‘zingizni Menga bag‘ishlab, muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Egangiz, muqaddasman. Men sizlarni boshqa xalqlardan O‘zim uchun ajratib olganman. Arvoh chaqiradigan va folbinlik qiladigan erkagu ayolning jazosi o‘limdir. Ularni toshbo‘ron qiling, ularning qoni o‘z gardanida qoladi.” Egamiz Muso orqali Horunning ruhoniy o‘g‘illariga shunday dedi: “Ruhoniy qazo qilgan qarindoshining jasadiga tegib o‘zini bulg‘amasin. Bordi–yu, marhum ruhoniyga eng yaqin qarindoshi, ya’ni ota–onasi, o‘g‘il–qizi, aka–ukasi, shuningdek, turmushga chiqmagan opa–singlisi bo‘lsa, ular tufayli bulg‘anishi mumkin. Lekin xotini tomonidan birov qazo qilsa, u tufayli o‘zini bulg‘ab, murdor bo‘lmasin. Ruhoniy aza tutganda sochini qirmasin, soqolining uchini qirqmasin, badanini tilmasin. U Mening oldimda muqaddas bo‘lsin, Meni badnom etmasin. Men, Egasi Xudoga olovda kuydiriladigan taom nazrlarni keltirgani uchun u muqaddas bo‘lsin. Fohishalik qilib bulg‘angan yoki eridan ajralgan ayolga uylanmasin. Zotan ruhoniy Mening oldimda muqaddasdir. Xalq ham ruhoniyni muqaddas deb bilsin, chunki Men, Xudoyingizga nonni keltiradigan o‘shadir. U odamlar uchun muqaddas bo‘lsin, zotan Men, Egangiz, muqaddasman. Xalqimni muqaddas qiladigan Menman. Agar ruhoniyning qizi fohishalik qilib o‘zini bulg‘asa, u otasini ham bulg‘agan bo‘ladi. Unday qizni tiriklayin kuydirish lozim. Aka–ukalari orasidan boshiga moy surtib tanlangan oliy ruhoniy ruhoniylik liboslarini kiyish uchun bag‘ishlangandir. Shuning uchun u qayg‘udan sochini to‘zmasin, liboslarini ham yirtmasin. Jasadning yaqiniga bormasin, hatto vafot etgan ota–onasi tufayli ham o‘zini bulg‘amasin. U ota–onasini dafn qilish uchun Muqaddas chodirdan chiqmasin, shu tufayli Mening chodirimni bulg‘amasin. Zotan Mening muqaddas qiladigan moyim uning ustidadir, u Menga bag‘ishlangandir. Men Egangizman. Oliy ruhoniy faqat bokira qizga uylansin. Beva, eridan ajralgan yoki fohishalik qilib bulg‘angan ayolni xotinlikka olmasin. O‘z qavmidagi bokira qizga uylansin, shu tariqa muqaddas naslini haromlikdan asrasin. Men, Egangiz, uni muqaddas qilganman.” Egamiz Muso orqali Horunga shunday dedi: “Avlodingdan nuqsoni bor biror odam Menga qurbonliklarni keltirmasin. Bunga avlodlar osha rioya qilinglar. Nuqsoni bor hech kim yaqinimga kelmasin: ko‘r, cho‘loq, mayib, majruh qo‘l–oyog‘i singan, bukur, pakana, ko‘zida nuqsoni bor, yiringlagan yaralari yoki qo‘tiri bor, moyagi ezilgan odam qurbongohning yaqiniga bormasin. Ruhoniy Horun naslidan nuqsoni bor hech kim olovda kuydiriladigan nazrlarni Men, Egangizga keltirmoqchi bo‘lib yaqinlashmasin. Nuqsoni bo‘lgani uchun u Menga taom nazrlarni keltirish uchun yaqinlashmasin. U Mening qurbonliklarimni, eng muqaddas va muqaddas nazrlarimni tanovul qilishi mumkin. Lekin nuqsoni tufayli u Muqaddas xonadagi ichki pardaga va qurbongohga aslo yaqinlashmasin. Aks holda u muqaddas makonimni bulg‘agan bo‘ladi. Makonimni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.” Shunday qilib, Muso bularning hammasini Horun va uning o‘g‘illariga hamda butun Isroil xalqiga aytdi. Egamiz Muso orqali Horun va uning o‘g‘illariga shunday dedi: “Sizlar Isroil xalqining Menga bag‘ishlagan ehsonlari bilan ehtiyotkor bo‘linglar, yana Meni — Muqaddas Xudoni badnom qilib qo‘ymanglar. Men Egangizman. Agar naslingizdan birontasi harom bo‘la turib, Isroil xalqi Menga bag‘ishlagan ehsonlarga yaqinlashsa, u Mening huzurimda boshqa xizmat qilmaydigan bo‘lsin. Men Egangizman. Horunning naslidan teri kasalligiga chalingan yoki ajralmasi oqqan hech kim poklanmaguncha ehsondan tanovul qilmasin. Bordi–yu, ruhoniylardan birortasi jasad tufayli bulg‘angan narsaga tegsa yoki jinsiy a’zosidan maniy oqsa, yohud o‘rmalab yuradigan harom jonivorga yo harom bo‘lgan odamga tegsa, o‘zi harom bo‘lgan hisoblanadi. U tekkan odam qanday yo‘l bilan harom bo‘lganligidan qat’iy nazar, ruhoniy kechgacha harom bo‘ladi. Ruhoniy badanini yuvmagunicha ehsondan tanovul qilmasin. Quyosh botgandan keyin u pok bo‘ladi. Ana shundagina u ehsonlardan tanovul qila oladi, chunki bu ehsonlar uning taomidir. Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajigan jonivorning go‘shtini ruhoniy yemasin. Aks holda u o‘z o‘zini harom qiladi. Men Egangizman. Ruhoniylar talablarimni bajarishsin. Aks holda gunohlarining jazosini olib, talablarimga rioya qilmaganlari uchun nobud bo‘ladilar. Ularni muqaddas qiladigan Egangiz Menman. Ruhoniy xonadoniga mansub bo‘lgan kishilargina ehsonlardan tanovul qilishlari mumkin. Ruhoniynikida turgan musofir yoki mardikor ehsonlardan tanovul qilmasin. Lekin ruhoniy o‘z kumushiga sotib olgan yoki uning xonadonida tug‘ilgan qulu cho‘rilar bu nazrlardan tanovul qilishlari mumkin. Agar ruhoniyning qizi ruhoniylar qavmiga mansub bo‘lmagan odamga turmushga chiqsa, ehsonlardan tanovul qilish unga man etilsin. Bordi–yu, ruhoniyning bu qizi farzand ko‘rmay beva bo‘lib qolsa yoki eridan ajralsa, otasining xonadoniga qaytib kelganidan keyin qizlik davridagiday otasining taomidan tanovul qilishi mumkin. Ammo ruhoniylar qavmiga mansub bo‘lmagan odam ruhoniyning taomidan tanovul qilmasin. Agar biror odam bilmagan holda ehsondan yeb qo‘ysa, u ruhoniyga keltirgan zararni to‘lab, ustiga beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Ruhoniylar Isroil xalqining Menga keltirgan ehsonlarini bulg‘ashmasin. Ularni boshqalarning tanovul qilishiga yo‘l qo‘yishmasin. Aks holda ruhoniylar Isroil xalqini aybdor qilib qo‘yishadi, xalq ayb qurbonligi keltirishi kerak bo‘ladi. Ehsonni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.” Egamiz Muso orqali Horunga, uning o‘g‘illariga va butun Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: Isroil xalqidan yoki orangizda yashayotgan musofirlardan birortasi bergan va’dasi ustidan chiqmoqchi bo‘lib yoki ko‘ngildan chiqarib, kuydiriladigan qurbonlik keltirmoqchi bo‘lsa nuqsonsiz buqa, qo‘chqor yoki takani olib kelsin. Shunda qurbonligi qabul bo‘ladi. Nuqsoni bor jonivorni olib kelmang, bunday qurbonligingiz qabul bo‘lmaydi. Agar birortasi bergan va’dasi ustidan chiqish uchun yoki ko‘ngildan chiqarib, Egamizga tinchlik qurbonligini keltirmoqchi bo‘lsa, podasi yoki suruvidan nuqsonsiz jonivorni tanlab olsin. Qurbonligi qabul bo‘lishi uchun jonivor bekami–ko‘st bo‘lsin. Ko‘r, jarohatlangan, mayib, yarasidan yiring oqqan, qo‘tir yoki qichimasi bor jonivorni Egamizga keltirmang, uni olovda kuydiriladigan nazr sifatida qurbongoh ustida kuydirmang. Bir tuyog‘i kalta yoki uzun bo‘lgan buzoqni yoki qo‘zichoqni ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonlik sifatida keltirishingiz mumkin. Lekin bunday jonivorni bergan va’dangiz ustidan chiqish uchun olib kelmang, u qabul bo‘lmaydi. Moyagi ko‘kargan, ezilgan, uzilgan yoki kesib olingan jonivorni Egamizga keltirmang. Yurtingizda bunga yo‘l qo‘ymang. Xudoyingizga qurbonlik keltirmoqchi bo‘lgan musofirdan ham mayib jonivorni qabul qilmang. Bunday jonivor nuqsonli bo‘lgani uchun qabul bo‘lmaydi. Egamiz Musoga yana dedi: “Yangi tug‘ilgan buzoq, qo‘zichoq yoki uloqcha yetti kun onasining yonida bo‘lsin. Yettinchi kundan keyin uni olovda kuydirib, Menga nazr qilishingiz mumkin. Lekin podangizdagi yoki suruvingizdagi ona, bolani bir kunda so‘ymang. Menga shukrona qurbonligini keltirmoqchi bo‘lganingizda qoidalarga rioya qilgan holda keltiring, toki qurbonligingiz qabul bo‘lsin. Qurbonlikning go‘shtini o‘sha kuniyoq tanovul qiling. Undan ertalabgacha hech narsa qoldirmang. Men Egangizman. Amrlarimni bitta qoldirmay bajaring. Men Egangizman. Meni — Muqaddas Xudoni badnom qilmang. Butun Isroil xalqi Meni muqaddas deb bilsin. Men sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. Xudoyingiz bo‘lish uchun sizlarni Misr yurtidan olib chiqqanman. Men Egangizman.” Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: Egamiz belgilagan bayramlarni nishonlanglar, o‘sha kunlari muqaddas yig‘in e’lon qilinglar. Egamizning belgilagan bayramlari quyidagilardir. Olti kun mehnat qilinglar, yettinchi kuni — Shabbat kuni esa to‘liq dam olinglar. Shu kuni muqaddas yig‘in bo‘lsin. Hech qanday ish qilmanglar. Axir, Shabbat kuni Egamizga atalgandir! Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, shu kunga rioya qilinglar. Egamiz Shabbat kunidan tashqari boshqa bayramlar ham belgilab berdi. Bu bayramlarda muqaddas yig‘inlarni o‘z vaqtida o‘tkazinglar. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni kechqurun Egamizga Fisih qurbonligini keltiringlar. O‘sha oyning o‘n beshinchi kuni Egamizning xamirturushsiz non bayrami bo‘lsin. Yetti kun davomida xamirturushsiz nonlar yenglar. Bayramning birinchi kuni muqaddas yig‘in bo‘lsin. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Yetti kun davomida har kuni Egamizga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. Bayramning yettinchi kuni ham muqaddas yig‘in o‘tkazinglar. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “Men sizlarga berayotgan yurtga kirganingizdan keyin, har yili yig‘ishtirgan hosilingizning birinchi bog‘lamini ruhoniyga olib keling. Shabbat kunining ertasiga ruhoniy bog‘lamni Men, Egangizga bag‘ishlaganini ko‘rsatib yuqoriga ko‘tarsin, shunda Men nazringizni qabul qilaman. O‘sha kuni bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini Menga kuydiriladigan qurbonlik qiling. Qo‘zi bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan sakkiz kosa sifatli unni don nazri qiling. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Men, Egangizga yoqimli hid boradi. Bular bilan birga sharob nazri uchun ikki kosa sharobni keltiring. Ilk hosil nazrini Menga keltirmaguningizcha yangi bug‘doydan yopilgan nonni, qovurilgan bug‘doy va bug‘doy boshoqlarini tanovul qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Hosilingizning birinchi bog‘lamini yuqoriga ko‘tarib, Men, Egangizga bag‘ishlagan kuningizdan, ya’ni Shabbatning ertasi kunidan boshlab, yettita to‘liq haftani sanang. Elliginchi kuni, yettinchi Shabbatdan keyin, Menga yangi don nazrini olib keling. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, yuqoriga ko‘tariladigan nazr uchun ikki dona nonni olib keling. Nonlar sakkiz kosa sifatli undan, xamirturush qo‘shib yopilgan bo‘lsin. Bular Menga keltiriladigan ilk hosilingiz nazridir. Non bilan birga yettita bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini, bitta buqani va ikkita qo‘chqorni olib keling. Bularni don va sharob nazrlari bilan birga kuydiriladigan qurbonlik qiling. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Menga yoqimli hid boradi. Bulardan tashqari, bitta takani gunoh qurbonligi va ikkita bir yoshli erkak qo‘zini tinchlik qurbonligi qiling. Ruhoniy ikkita qo‘zini nonlar bilan birga Menga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘taradi. Men, Egangiz uchun muqaddas bo‘lgan bu nazr ruhoniylarniki bo‘lsin. O‘sha kuni muqaddas yig‘in e’lon qilinglar. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Dalangiz hosilini o‘rganingizda dalaning eng chetidagi bug‘doyni o‘rmang, yerga tushib qolgan bug‘doy boshoqlarini ham termang. Ularni kambag‘al va musofirlarga qoldiring. Men Egangiz Xudoman.” Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “Yettinchi oyning birinchi kunida to‘liq dam olinglar. Bu kun karnaylarning sadolari bilan nishonlanadigan xotira kunidir. O‘sha kuni muqaddas yig‘in o‘tkazinglar. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar.” Egamiz Musoga dedi: “Yettinchi oyning o‘ninchi kunida esa Poklanish kunini nishonlanglar. O‘sha kuni muqaddas yig‘in bo‘lsin. Ro‘za tutib, Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. O‘sha kuni hech qanday ish qilmanglar, chunki bu kuni gunohdan poklash marosimi o‘tkaziladi. O‘sha kuni ro‘za tutmagan odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. Ish qilgan odamni ham Men xalq orasidan nobud qilaman. O‘sha kuni umuman hech qanday ish qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Bu kuni Shabbat singari to‘liq dam oling. To‘qqizinchi kuni kechqurundan boshlab, keyingi kuni kechqurungacha ro‘za tuting.” Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga shunday dedi: “Yettinchi oyning o‘n beshinchi kunidan boshlab yetti kun davomida Menga atab Chayla bayramini nishonlanglar. Bayramning birinchi kuni muqaddas yig‘in qilinglar. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Yetti kun davomida har kuni Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. Sakkizinchi kuni ham muqaddas yig‘in qilinglar, Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. Bu oxirgi muqaddas yig‘in kunidir. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Men, Egangiz, belgilagan bayramlar shulardir. Ularni nishonlab, muqaddas yig‘inlar o‘tkazinglar. Olovda kuydiriladigan hamma nazrlaringizni — kuydiriladigan qurbonliklarni, don nazrlarni, sharob nazrlarni belgilangan kunlarda Menga keltiringlar. Bu bayramlarni Menga atab Shabbat kunlardan tashqari nishonlanglar. Bayram kunlari keltiradigan qurbonliklaringiz Menga beradigan ehsonlaringizdan, bergan va’dangizga muvofiq keltiradigan qurbonliklaringizdan va ko‘ngildan chiqarib beradigan nazrlaringizdan tashqari keltirilishi lozim. Dalangizning hosilini yig‘ib bo‘lganingizdan keyin, yetti kun davomida Menga atab Chayla bayramini nishonlanglar. Bayram yettinchi oyning o‘n beshinchi kunida boshlansin. Bayramning birinchi va sakkizinchi kunlari to‘liq dam olinglar. Birinchi kuni daraxtlaringizning eng yaxshi mevalarini terib olinglar, palma daraxtining shoxlarini, suv bo‘yida o‘sadigan majnuntolning va boshqa serbarg daraxtlarning novdalarini olib, yetti kun davomida Men, Egangiz Xudoning oldida xursandchilik qilinglar. Menga atab bu bayramni har yili, yetti kun davomida nishonlanglar. Yilning yettinchi oyida nishonlanadigan bu bayram sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Yetti kun davomida chaylalarda yashanglar. Isroil xalqiga mansub bo‘lgan har bir kishi chaylada yashasin. Toki avlodlaringiz Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanimda, chaylalarda yashattirganimni bilishsin. Men Egangiz Xudoman.” Shunday qilib, Muso Isroil xalqiga Egamizning belgilangan bayramlarini e’lon qildi. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi amrlarni berdi: toza zaytun moyidan olib kelinglar. Toki moychiroqlar har doim tun bo‘yi yonib tursin. Horun moychiroqlarni Uchrashuv chodiriga, ahd sandig‘ini to‘sib turgan ichki parda oldiga o‘rnatsin. Moychiroqlar Egamiz oldida oqshomdan ertalabgacha o‘chmay yonib tursin. Bu avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. Horun moychiroqlarni toza oltindan yasalgan chiroqpoyaga o‘rnatsin. Moychiroqlar Egamizning oldida har doim tun bo‘yi yonib tursin. Sifatli undan o‘n ikkita non yop. Har bir non sakkiz kosa undan yopilgan bo‘lsin. Nonlarni Egamiz huzuridagi toza oltindan yasalgan xontaxta ustiga ikki qator qilib ter. Har bir qatorda oltitadan non bo‘lsin. Har bir qatorga toza xushbo‘y tutatqidan qo‘y. Bu xushbo‘y tutatqi nonning o‘rniga olovda kuydirilib, Egamizga nazr qilinadi. Horun nonlarni doimiy tarzda, har Shabbat kuni Isroil xalqi nomidan Egamiz oldiga qo‘ysin. Bu Isroil xalqining abadiy majburiyatidir. Bu nonlar Horun va uning avlodiniki bo‘lsin. Ular bu nonlarni muqaddas joyda tanovul qilishsin. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan Horunning nasliga berilgan doimiy ulush shudir, u g‘oyat muqaddasdir. [10-11] Dan qabilasidan bo‘lgan Dibri qizi Shalumit Misrlik bir kishiga turmushga chiqqan edi. Ularning bir o‘g‘li bor edi. Bir kuni o‘sha o‘g‘li Isroil xalqidan bo‘lgan bir odam bilan janjallashib qoldi. Janjal paytida Shalumitning o‘g‘li qarg‘anib, Xudoga shak keltirdi. Shunda uni Musoning oldiga olib kelishdi. *** Egamizning hukmi ma’lum bo‘lgunga qadar uni qamab qo‘yishdi. Egamiz Musoga dedi: — Shakkokni qarorgohning tashqarisiga olib chiqinglar. Shak keltirganini eshitganlarning hammasi qo‘lini uning boshiga qo‘ysin, keyin butun jamoa uni toshbo‘ron qilsin. Isroil xalqiga shu gapimni aytib qo‘y: “Meni qarg‘agan har qanday odam jazoga tortilsin. Men, Egangizga shak keltirgan odamning jazosi o‘limdir. Butun jamoa uni toshbo‘ron qilsin. Shakkok, musofir yoki Isroil xalqidan bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘ldirilsin. Odamning joniga qasd qilgan har qanday odam o‘ldirilsin. Birovning molini o‘ldirib qo‘ygan odam egasiga tovon to‘lasin. Bunday vaziyatda jon evaziga jon, degan qoida qo‘llanilsin. Agar kimdir birovga shikast yetkazsa, unga ham xuddi shunday shikast yetkazilsin. Siniq evaziga siniq, ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish bilan javob qaytarilsin. Shikast yetkazganga xuddi shunday shikast yetkazilsin. Jonivorni o‘ldirgan tovon to‘lasin, odamni o‘ldirgan esa o‘lim jazosini olsin. Musofir uchun ham, Isroillik uchun ham qonun birdir. Men Egangiz Xudoman.” Muso bu so‘zlarni Isroil xalqiga aytib bo‘lgach, xalq shakkokni qarorgoh tashqarisiga olib chiqib, toshbo‘ron qildi. Shunday qilib, Isroil xalqi Egamizning Musoga bergan amrini ado etdi. [1-2] Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida shunday dedi: “Men sizlarga berayotgan yurtga kirganingizdan keyin, har yettinchi yili yeringizga dam bering. *** Olti yil davomida dalalaringizga ekin ekinglar, uzumzorlaringizni butab, hosilini yig‘inglar. Yettinchi yili esa yer to‘liq dam olsin, Men, Egangizga bag‘ishlangan yil bo‘lsin. Shu yili dalalaringizga ekin ekmanglar, uzumzoringizni xomtok qilmanglar. Yerdan o‘sib chiqqan boshoqlarni o‘rmanglar, xomtok qilinmagan tokdagi uzum boshlarini yig‘manglar. Yer bir yil to‘liq dam olsin. Ammo o‘sha yili yerdan tabiiy holda o‘sib chiqqan hamma narsani yeyishingiz mumkin. Bular sizlar uchun, qulu cho‘rilaringiz uchun, mardikoru siznikida vaqtinchalik turgan musofirlar uchun ozuqa bo‘ladi. Mol–holingiz va yurtingizdagi yovvoyi hayvonlar ham yer hosilidan oziqlanishadi. Yetti yilni yetti marta qo‘shib sana, hammasi bo‘lib qirq to‘qqiz yil bo‘lsin. So‘ng yettinchi oyning o‘ninchi kuni, ya’ni Poklanish kuni butun yurt bo‘ylab karnaylar chalinsin. Elliginchi yilni muqaddas deb biling. O‘sha yili yurt bo‘ylab hamma odamga ozodlik e’lon qiling. Shu yil sizlar uchun Qutlug‘ yil bo‘lsin. Har kim ota–bobosining joyiga, o‘z qavmiga qaytib borsin. Ha, elliginchi yil sizlar uchun Qutlug‘ yil bo‘lsin. Shu yili ekin ekmanglar, yerdan o‘sib chiqqan boshoqlarni o‘rmanglar, xomtok qilinmagan tokdagi uzum boshlarini yig‘manglar. Bu Qutlug‘ yil bo‘lgani uchun, uni muqaddas deb bilinglar. To‘g‘ridan–to‘g‘ri daladan uzilgan hosilni yeyishingiz mumkin. Qutlug‘ yili hammangiz ota–bobongizdan qolgan mulkingizga qaytib boring. Yeringizni qo‘shningizga sotganingizda yoki qo‘shnidan yer sotib olganingizda g‘irromlik qilmang. Yer sotib olganingizda yerning narxi keyingi Qutlug‘ yilgacha qolgan yillarning hisobiga asoslangan bo‘lsin. Sotuvchi yerning narxini qolgan hosilli yillarning miqdoriga qarab belgilasin. Agar hali ko‘p yil bor bo‘lsa, yerning bahosini oshirsin. Bordi–yu, ozroq yil qolgan bo‘lsa, bahosini kamaytirsin. Sotuvchi aslida yerni emas, balki yer beradigan hosil miqdorini sotadi. G‘irromlik qilmang, Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangiz Xudoman. Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaring, shunda yurtingizda tinch yashaysizlar. Yer hosilini beradi, sizlar to‘yguningizcha uning ne’matlaridan yeysizlar. Yurtingizda bexatar yashaysizlar. Sizlar: — Ekin ekib hosil olmasak yettinchi yili nima yeymiz? — deb so‘rashingiz mumkin. Men oltinchi yili hosilingizga baraka beraman. O‘sha yili sizlar uch yilga yetadigan hosil yig‘ib olasizlar. Sakkizinchi yili urug‘ ekkaningizda oltinchi yil davomida yiqqan hosildan tanovul qilasizlar. To‘qqizinchi yili ham hosilingiz pishguncha hanuz eski hosildan yeysizlar. Yerni faqat vaqtinchaga soting, chunki yer Menikidir. Sizlar esa Mening yerimda yashab yurgan musofir va kelgindisizlar. O‘z yerini sotgan odamga yerini qayta sotib olish imkoniyatini yaratib bering. Agar yurtdoshingiz qashshoqlashib meros qilib olgan yerining bir qismini sotsa, uning eng yaqin qarindoshi sotilgan yerni qaytarib sotib olsin. Agar yerni qaytarib sotib oladigan qarindoshi bo‘lmasa va u odamning o‘zi keyinchalik mol–dunyo topib, yetarli mablag‘ yig‘sa, u o‘z yerini qaytarib sotib olishi mumkin. Buning uchun u Qutlug‘ yilgacha qolgan yillar davomida yerdan olinadigan daromadni hisoblab chiqib, xaridorga to‘lasin, shundan keyin o‘z mulkini qaytarib olsin. Bordi–yu, yerni qaytarib sotib olishga qurbi yetmasa, yer xaridorning ixtiyorida Qutlug‘ yilgacha qolsin. Qutlug‘ yili yer asl egasiga qaytib berilsin. Bordi–yu, birortasi devor bilan o‘ralgan shahar ichidagi uyini sotsa, sotilgan kundan boshlab bir yil o‘tguncha uyini qaytarib sotib olishi mumkin. Uyni qaytarib sotib olish muddati bir yildir. Bir yil o‘tguncha u uyini qaytarib sotib olmasa, devor bilan o‘ralgan shahar ichidagi bu uy xaridorning mulkiga aylanib, abadiy uning va naslining ixtiyorida qoladi. Qutlug‘ yilida ham uning ixtiyoridan chiqmaydi. Atrofi devor bilan o‘ralmagan qishloqlardagi uylar dala sifatida hisoblansin. Bunday uylarni har qanday vaqtda qaytarib sotib olish mumkin, Qutlug‘ yilda ular asl egasiga qaytarib berilsin. Levilarning shaharlariga kelsak, levilar o‘z shaharlaridagi uylarini qaytarib sotib olish huquqiga doimo ega bo‘lishsin. Bordi–yu, levi bunday shahardagi sotilgan uyini qaytarib sotib olmasa, bu uy unga Qutlug‘ yili qaytarib berilsin. Zotan levilarga qarashli shaharlardagi uylari levilarning Isroil xalqi orasidagi mulkidir. Lekin ularning shaharlari atrofidagi yerlar zinhor sotilmasin, chunki bu yerlar levilarning abadiy mulkidir. Agar biror yurtdoshingiz nochor ahvolga tushib, sizga qarab qolsa, unga yordam bering. U orangizda g‘arib yoki musofirday yashasin. Undan foydalanib pul ishlamang, foyda ham olmang, Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Bunday yurtdoshingizning orangizda yashashiga yo‘l qo‘ying. Bergan qarzingizdan foiz talab qilmang, ovqatni o‘z narxidan qimmatga sotmang. Men Egangiz Xudoman. Men Xudoyingiz bo‘lishim uchun va sizlarga Kan’on yurtini berish uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Agar yurtdoshingizdan birortasi o‘ta qashshoqlashib, o‘zini sizga sotsa, uni qulday ishlatmang. Unga mardikor yoki musofirday muomala qiling. U Qutlug‘ yilgacha siznikida xizmat qilsin. Qutlug‘ yili u bolalari bilan ozod bo‘lsin. Ular o‘z xonadoniga, ota–bobolarining mulkiga qaytib borishsin. Binobarin ular Mening qullarimdir, Men ularni Misr yurtidan olib chiqqanman. Ularni qulday sotmanglar. Ularga zulm o‘tkazmanglar, Men, Xudoyingizdan qo‘rqinglar. Agar qulu cho‘rilarga muhtoj bo‘lsangiz, ularni atrofingizdagi xalqlardan sotib olishingiz mumkin. Orangizda yashayotgan musofirlardan va ularning Isroil yurtida tug‘ilgan bolalaridan ham qulu cho‘rilar sotib olishingiz mumkin. Ular sizning mulkingiz bo‘ladi. Ularni o‘zingizdan keyin bolalaringizga meros qilib berishingiz mumkin. Ularga qullarga muomala qilganday muomala qiling. Lekin Isroil xalqidan bo‘lgan birodarlaringizga zulm qilmang. Agar orangizda yashayotgan musofir boylik orttirsayu, Isroillik birodaringiz esa qashshoqlashib o‘zini musofirga yoki musofirning qavmidan bo‘lganlarga sotsa, birodaringiz ozod bo‘lish huquqiga ega bo‘lsin. Uning aka–ukasi ozodlik haqini to‘lab, uni ozod qilsin. Shuningdek, amakisi, amakivachchasi yoki boshqa bir qarindoshi ozodlik haqini to‘lab, uni ozod qilishi mumkin. Sotilgan odamning o‘zi ham davlat orttirsa, o‘z o‘zini ozod qila oladi. Buning uchun u xaridori bilan kelishib, o‘zini sotgan yildan boshlab Qutlug‘ yilgacha qolgan yillarning sonini hisoblab chiqsin. Ozodligining bahosi o‘sha yillar davomida mardikorga to‘lanadigan ish haqi asosida belgilansin. Agar Qutlug‘ yilgacha hali ko‘p yillar bor bo‘lsa, ozodlik bahosi xaridor to‘lagan narxga asoslangan bo‘lsin. Bordi–yu, Qutlug‘ yilgacha oz qolgan bo‘lsa, qolgan yillarni hisoblab, shunga yarasha ozodligining narxini to‘lasin. Musofir sotib olgan birodaringizga bir yilga yollagan ishchiga muomala qilganday muomala qilsin. Isroillik birodaringizga zulm o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymang. Agar sotilgan birodaringiz ozodlik haqini to‘lab ozod bo‘lmasa, u Qutlug‘ yili bola–chaqalari bilan ozod qilinsin. Zotan Isroil xalqi Mening qullarimdir, ularni Misr yurtidan Men olib chiqqanman. Men Egangiz Xudoman. O‘zingiz uchun butlar yasamang, o‘yib ishlangan tasvirlaru boshqa xudolarga atalgan toshlarni o‘rnatmang. Yurtingizda butsimon toshlar o‘rnatib, ularga sajda qilmang. Zotan Men Egangiz Xudoman. Shabbat kunlariga rioya qiling, muqaddas makonimni izzat eting. Men Egangizman. Agar qonunlarimga rioya qilib, amrlarimni bitta qoldirmay bajarsangiz, Men o‘z vaqtida yomg‘ir yog‘diraman. Yer hosilini beradi, daraxtlar meva soladi. G‘alla yanchish vaqti uzum terish paytiga ulashib ketadi, uzum terish payti ekin–tikin vaqtiga ulashib ketadi. To‘yguningizcha non yeysiz, yurtingizda bexatar yashaysiz. Men yurtingizga tinchlik ato etaman, yotganingizda hech kim sizni vahimaga solmaydi. Yurtingizdan yirtqich hayvonlarni haydab yuboraman. Zaminingiz urush ko‘rmaydi. G‘animlaringizni ta’qib qilasiz, ular qilichingizdan halok bo‘ladi. Beshtangiz g‘animlarning yuztasini quvadi, yuztangiz o‘n mingtasini quvadi. Ularni qilichdan o‘tkazasizlar. Sizlarga yuz buraman, barakali qilib ko‘paytiraman. Sizlar bilan qilgan ahdimga sodiq qolaman. Eski hosilingizni yeb bo‘lmasingizdan, yangisiga joy bo‘shatish uchun eskisini chiqarib tashlaysizlar. Men orangizda yashayman, sizlardan hazar etmayman. Doimo orangizda bo‘laman. Men sizning Xudoyingiz, sizlar esa Mening xalqim bo‘lasizlar. Men Egangiz Xudoman. Sizlar bundan buyon qul bo‘lmasligingiz uchun Men sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Qaddingizni rostlab yurishingiz uchun bo‘yinturug‘ingizni sindirganman. Agar Menga quloq solmasangiz, Mening amrlarimni bajarmasangiz, qonunlarimni rad etsangiz, qoidalarimdan nafrat qilsangiz, amrlarimni bajarmay, ahdimni buzsangiz, Men boshingizga kulfat solaman, sizlarni tuzalmas kasallikka duchor qilaman, isitmangizni chiqarib, ko‘zingizning nurini olaman, joningizni iztirobga solman. Ekkan urug‘laringiz behudaga ketar, chunki hosilingiz g‘animlarga nasib etar. Men yuzimni sizlarga qarshi buraman, dushmanlaringiz sizlarni mag‘lub etadi. Yovlaringiz ustingizdan hukmronlik qiladi. Sizlarni hech kim ta’qib qilmasa ham tumtaraqay bo‘lib qochasizlar. Shunda ham Menga itoat qilmasangizlar, gunohlaringiz uchun jazoni yetti karra kuchaytiraman. Takabbur qaysarligingizni sindiraman, osmonni temir kabi qattiq, yerni mis kabi zarang qilaman. Mehnatingiz behudaga sarf bo‘lar: yeringiz hosil bermas, daraxtlaringiz meva solmas. Shunda ham Menga qarshilik qilib itoat etmasangiz, gunohlaringizga yarasha yetti karra ko‘proq ta’ziringizni beraman. Sizlarga qarshi yirtqich hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni bolalaringizdan judo qiladi, mol–holingizni qirib yuboradi, shunda soningiz kamayib, ko‘chalaringiz huvullab qoladi. Agar shundan ham saboq olmay, Menga qarshilik qilaversangiz, Men ham sizlarga qarshiliq qilishni davom ettiraman. O‘zim gunohlaringizga yarasha yetti karra ko‘proq ta’ziringizni beraman. Ahdimni buzganlaringiz uchun ustilaringizga yov qo‘shinlarini bostirib boraman. Shaharlaringizga qochib berkinsangizlar, oralaringizga o‘lat yuborib, sizlarni g‘animlar qo‘liga tutib beraman. Rizq–ro‘zingizni qirqaman. O‘nta ayol bir tandirda non yopadi, nonni hammaga o‘lchab berishadi. Sizlar yeysizlaru, ammo to‘ymaysizlar. Bordi–yu, shunda ham Menga quloq solmay qarshilik qilaversangiz, Men ham g‘azab ustida sizlarga qarshilik qilaveraman. Gunohlaring uchun jazoni yetti karra ko‘paytiraman. Sizlar hatto o‘g‘il–qizlaringizning tanasini yeydigan bo‘lasizlar. Men sajdagohlaringizni buzib tashlayman, tutatqi qurbongohlaringizni vayron qilaman. Jasadlaringizni jonsiz butlaringiz ustiga uyib tashlayman. Sizlardan hazar qilaman. Shaharlaringizni vayron etaman, muqaddas joylaringizni buzib tashlayman. Qurbonliklaringizning yoqimli hididan zavq olmayman. Yurtingizni shu qadar xarob qilamanki, u yerda o‘rnashib oladigan g‘animlaringiz uning ahvolidan dong qotadi. Sizlarni esa xalqlar orasiga tarqatib yuboraman, qilichimni yalang‘ochlab sizlarni ta’qib qilaman. Yurtingiz huvullab qoladi, shaharlaringiz xarobazorga aylanadi. Sizlar g‘animlaringiz yerida bo‘lganingizda yurtingiz dam oladi. Xarob bo‘lib yotgan yillar davomida yurtingiz orom oladi. Vayronalar ichra yotib, dam oladi, chunki sizlar yurtingizda yashab yurgan paytingizda yeringizga dam bermagan edingizlar. G‘animlaringiz yurtida omon qolganlaringizning yuragiga vahima solaman. Sizlar hilpirayotgan bargning ovozidan dahshatga tushasizlar. Qilichdan qochganday qochasizlar. Hech kim sizni ta’qib qilmasa ham, qochib yiqilasizlar. Hech kim sizni quvlamasa ham, joningizni hovuchlab qochasizlar, bir–biringizga turtilib yiqilasizlar. Ha, sizlar g‘animlaringizga bas kela olmaysizlar. Shunda xalqlar orasidan yo‘q bo‘lib ketasizlar, g‘animlaringiz yurti sizni yutib yuboradi. Omon qolganlaringiz g‘animlar yurtida o‘lasizlar. O‘z gunohlaringiz va ota–bobolaringizning gunohlari tufayli adoyi tamom bo‘lasizlar. Lekin oxiri sizlar o‘z gunohlaringizni va ota–bobolaringizning gunohlarini tan olasizlar. Menga qilgan qarshiligu xiyonatga iqror bo‘lasizlar. O‘sha gunohlaringiz tufayli Men sizlarga qarshilik qilib, sizlarni g‘animlaringiz yurtiga olib kelaman. Shunda sizning sunnatsiz yuragingiz kamtarlikka to‘ladi. Qilgan gunohlaringiz uchun jazo tortasizlar. Shunda Men Yoqub bilan qilgan ahdimni yodga olaman. Is’hoq va Ibrohim bilan qilgan ahdimni ham yodimda tutaman, Men yurtni yodga olaman. Huvullab yotgan yurt orom olgan yillar davomida, qilgan gunohlaringiz uchun jazo oladi. Axir, sizlar qoidalarimni rad etishga jazm etdingizlar, qonunlarimdan hazar qildingizlar. Shunday bo‘lsa–da, Men sizlarni g‘animlaringiz yurtida rad etmayman, sizdan hazar qilmayman, tamomila qirib yubormayman. Sizlar bilan qilgan ahdimni buzmayman. Zotan Men sizning Egangiz Xudoman. Men sizning manfaatingizni ko‘zlab, ota–bobolaringiz bilan qilgan ahdimni yodimda tutaman. Men Xudoyingiz bo‘lishim uchun, ota–bobolaringizni ellarning ko‘zi oldida Misrdan olib chiqqanman. Men Egangizman.” Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida bergan farmonu qonun–qoidalar shulardan iborat edi. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar birortangiz ont ichib, Egamizga biror odamni bag‘ishlagan bo‘lsangiz, ontingiz ustidan chiqish uchun quyidagi qiymatni to‘lang: 20 dan 60 yoshgacha bo‘lgan erkak uchun 50 bo‘lak kumush, 20 dan 60 yoshgacha bo‘lgan ayol uchun 30 bo‘lak kumush, 5 dan 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bola uchun 20 bo‘lak kumush, 5 dan 20 yoshgacha bo‘lgan qiz bola uchun 10 bo‘lak kumush, 1 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bola uchun 5 bo‘lak kumush, 1 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan qiz bola uchun 3 bo‘lak kumush, 60 va undan yuqori yoshdagi erkak uchun 15 bo‘lak kumush, 60 va undan yuqori yoshdagi ayol uchun 10 bo‘lak kumush. Agar ont ichgan odam nochorligidan belgilangan qiymatni to‘lay olmasa, u Egamizga bag‘ishlagan odamini ruhoniyning oldiga olib kelsin. Ruhoniy ont ichgan odamning ahvoliga yarasha qiymatni belgilasin. Agar siz ont ichib, qurbonlik qilishga yaraydigan jonivorni Egamizga bag‘ishlagan bo‘lsangiz, Egamizga atalgan bu jonivor muqaddas hisoblansin. Bunday jonivorni boshqasiga almashtirib bo‘lmaydi. Yaxshisini yomoniga yoki yomonini yaxshisiga ayriboshlamang. Jonivorning birini boshqasiga almashtiradigan bo‘lsangiz, jonivorlarning ikkalasi ham muqaddas hisoblansin. Agar Egamizga qurbonlik qilishga yaramaydigan, harom hayvonni atagan bo‘lsangiz, o‘sha hayvonni ruhoniy oldiga olib keling. Ruhoniy hayvonning yaxshi yoki yomon ahvoliga qarab bahosini belgilasin va uning qiymati shunday bo‘lsin. Bordi–yu, siz atagan hayvoningizni qaytarib olmoqchi bo‘lsangiz, ruhoniy tomonidan belgilagan qiymat ustiga o‘sha qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bering. Agar odam Egamizga o‘z uyini bag‘ishlasa, ruhoniy uyni baholasin, uyning yaxshi yoki yomon ahvoliga qarab qiymatini belgilasin va uning qiymati shunday bo‘lsin. Mobodo uyni bag‘ishlagan odam uyini qaytarib olmoqchi bo‘lsa, u ruhoniy belgilagan qiymat ustiga qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Shunda uy yana uniki bo‘ladi. Agar odam meros qilib olgan yerini Egamizga bag‘ishlamoqchi bo‘lsa, yerning qiymati u yerga ekiladigan urug‘ning miqdoriga ko‘ra, belgilansin. O‘n savat urug‘lik arpaning bahosi ellik bo‘lak kumush bo‘lsin. Agar dala Qutlug‘ yili bag‘ishlangan bo‘lsa, dalaning qiymati belgilangan bahoda qolsin. Bordi–yu, dala Qutlug‘ yildan keyin bag‘ishlangan bo‘lsa, ruhoniy dalaning qiymatini keyingi Qutlug‘ yilgacha qolgan yillarning soniga ko‘ra, belgilasin. Dalaning asl qiymati kamaytirilsin. Dalani bag‘ishlagan odam dalasini qaytarib olmoqchi bo‘lsa, u belgilangan qiymat ustiga dala qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Shunda dala yana uniki bo‘ladi. Bordi–yu, u dalasini qaytarib sotib olmasa va dala boshqa birovga sotilgan bo‘lsa, dalaning egasi o‘z dalasini qaytarib sotib olish huquqidan mahrum qilinsin. Keyingi Qutlug‘ yili kelganda bu dala Egamizga tamomila bag‘ishlangan bo‘lib, muqaddas hisoblanadi. Dala ruhoniylarga qarashli bo‘ladi. Agar biror odam sotib olgan, ya’ni merosi bo‘lmagan dalasini Egamizga bag‘ishlasa, ruhoniy dalaning qiymatini Qutlug‘ yilgacha qolgan yillar soni asosida belgilasin. U odam ruhoniy belgilagan qiymatni o‘sha kuniyoq Egamizga ehson sifatida keltirsin. Qutlug‘ yili esa dala merosxo‘rga — kimdan sotib olingan bo‘lsa, o‘sha odamga qaytarib berilsin. Har qanday narsaning qiymati belgilanganda Muqaddas chodirda ishlatiladigan kumush birligi asos qilib olinsin. Har bir kumush bo‘lagining og‘irligi 2,5 misqol bo‘lsin. Molu qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalarini Egamizga bag‘ishlamang, ular shusiz ham Egamizga tegishlidir. Harom hayvonning to‘ng‘ich bolasini qaytarib sotib olishingiz mumkin. Buning uchun belgilangan qiymatni to‘lab, buning ustiga qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bering. Agar uni qaytarib sotib olmasangiz, ruhoniy uni boshqa birovga belgilagan qiymatga sotib yuborishi mukin. Egamizga tamomila bag‘ishlangan har qanday odamni, jonivor yoki meros qilib olingan yerni qaytarib sotib olish yoki sotib yuborish mumkin emas. Egamizga tamomila bag‘ishlangan har qanday narsa abadiy Egamizga tegishli hisoblanadi. Hatto Egamizga tamomila bag‘ishlangan odamni ham qaytarib sotib olishingiz mumkin emas. Uni o‘ldirishingiz lozim. Yer hosilidan va daraxt mevalaridan olingan ushr ham Egamiznikidir. Bular Egamiz uchun muqaddasdir. Agar birortasi ushrini qaytarib sotib olmoqchi bo‘lsa, ushrning qiymati ustiga qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Poda va suruvingizdan olingan ushrni — sanalgan har o‘ninchi jonivorni Egamizga bag‘ishlang. Ushr qilib olingan jonivorni tanlamang, uni yaxshisi yoki yomoniga almashtirmang. Agar almashtiradigan bo‘lsangiz, jonivorlarning ikkalasi ham muqaddas hisoblansin, ularni qaytarib sotib olishingiz mumkin emas. Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida bergan amrlar shulardan iborat edi. Isroil xalqi Misr yurtini tark etib, Sinay sahrosiga kelganiga ikki yilu ikki oy bo‘ldi. Ikkinchi oyning birinchi kunida Egamiz Uchrashuv chodirida Musoga shunday dedi: [2-3] “Sen va Horun jamiki Isroil xalqini urug‘i, xonadoni bo‘yicha sanab chiqinglar. Urushga yaroqli bo‘lgan yigirma va undan yuqori yoshdagi hamma erkaklarni guruhlarga bo‘lib, nomma–nom ro‘yxatini tuzinglar. *** Har bir qabiladan bittadan urug‘boshi sizlarga yordam bersin. Sizlarga yordam beradigan urug‘boshilarning ismi quyidagichadir: Ruben qabilasidan — Shaduvor o‘g‘li Elizur. Shimo‘n qabilasidan — Zurishaday o‘g‘li Shalumiyol. Yahudo qabilasidan — Ominadov o‘g‘li Naxsho‘n. Issaxor qabilasidan — Zuvor o‘g‘li Natanil. Zabulun qabilasidan — Xalon o‘g‘li Eliyob. Yusuf o‘g‘li Efrayim qabilasidan — Omihud o‘g‘li Elishama. Yusuf o‘g‘li Manashe qabilasidan — Padozur o‘g‘li Gamaliel. Benyamin qabilasidan — Gido‘nax o‘g‘li Avidon. Dan qabilasidan — Omishaday o‘g‘li Oxazar. Osher qabilasidan — Oxron o‘g‘li Paxiyol. Gad qabilasidan — Duvel o‘g‘li Eliasaf. Naftali qabilasidan — Enan o‘g‘li Oxir.” Jamoa orasidan tanlangan ana shu urug‘boshilar Isroil qabilalarining yo‘lboshchilari edi. [17-19] Muso va Horun urug‘boshilar bilan birgalikda ikkinchi oyning birinchi kunida butun jamoani yig‘ishdi. Ular Isroil xalqining barcha urug‘larini va xonadonlarini aniqlab chiqishdi. So‘ng Musoga Egamiz amr etganday, jamoaning yigirma va undan yuqori yoshdagi hamma erkaklarini nomma–nom alohida ro‘yxatga olishdi. Shu tariqa Muso Sinay sahrosida Isroil xalqini sanab chiqdi. *** *** [20-21] Urug‘i va xonadoni bo‘yicha nomma–nom ro‘yxatga olingan, yigirma va undan yuqori yoshdagi urushga yaroqli erkaklarning soni quyidagicha edi: Isroilning to‘ng‘ich o‘g‘li Ruben qabilasidan — 46.500 ta odam, *** [22-23] Shimo‘n qabilasidan — 59.300 ta odam, *** [24-25] Gad qabilasidan — 45.650 ta odam, *** [26-27] Yahudo qabilasidan — 74.600 ta odam, *** [28-29] Issaxor qabilasidan — 54.400 ta odam, *** [30-31] Zabulun qabilasidan — 57.400 ta odam, *** [32-33] Yusuf o‘g‘li Efrayim qabilasidan — 40.500 ta odam, *** [34-35] Yusuf o‘g‘li Manashe qabilasidan — 32.200 ta odam, *** [36-37] Benyamin qabilasidan — 35.400 ta odam, *** [38-39] Dan qabilasidan — 62.700 ta odam, *** [40-41] Osher qabilasidan — 41.500 ta odam, *** [42-43] Naftali qabilasidan — 53.400 ta odam. *** Muso, Horun va Isroil xalqining o‘n ikki urug‘boshisi sanab chiqqan odamlar ana shular edilar. Ularning hammasi ota–bobolarining nasli bo‘yicha ro‘yxatga olindi. Xullas, Isroil xalqining yigirma va undan yuqori yoshdagi urushga yaroqli hamma erkaklari xonadonlari bo‘yicha sanalganda, 603.550 ta chiqdi. Levi qabilasi esa ro‘yxatga kiritilmagan edi, chunki Musoga Egamiz shunday degandi: “ Levi qabilasini ro‘yxatga kiritma, ularni Isroil xalqi bilan birga sanama. Levilarga Muqaddas ahd chodirini, uning hamma ashyolarini va chodirga tegishli bo‘lgan barcha narsalarni topshir. Yo‘lga chiqqanlaringizda, ular chodirni va undagi hamma ashyolarni ko‘tarib yursinlar. Chodirni asrab–avaylab, uning yoniga o‘z chodirlarini tiksinlar. Har safar chodir ko‘chirilganda, levilar Muqaddas chodirni yig‘ishsin. Qarorgoh qurganingizda esa chodirni yana o‘rnatishsin. Chodirning yaqiniga borgan boshqa har qanday odam uchun jazo o‘limdir. Qolgan Isroil qabilalari o‘z qarorgohlarida guruh–guruh bo‘lib joylashsin. Isroil xalqi Mening qahr–g‘azabimga uchramasligi uchun, levilar o‘z chodirlarini Muqaddas ahd chodiri atrofida o‘rnatib, o‘sha yerda chodirni qo‘riqlashsin.” Musoga Egamiz qanday amr etgan bo‘lsa, Isroil xalqi shuni qildi. Egamiz Muso bilan Horunga yana dedi: “ Isroil xalqining har bir qabilasi chodirlarini o‘z qarorgohida, o‘z xonadoni tamg‘alari ostida o‘rnashtirsin. Ular chodirlarini Uchrashuv chodirining aylanasiga, undan ma’lum bir masofada tikishsin. Uchrashuv chodirining sharq tomonida chodir tikadigan qabilalar Yahudo qarorgohida guruh–guruh bo‘lib joylashsin. Yahudo qabilasining yo‘lboshchisi Ominadov o‘g‘li Naxsho‘ndir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 74.600 tadir. Undan keyin Issaxor qabilasi chodirlarini joylashtirsin. Issaxor qabilasining yo‘lboshchisi Zuvor o‘g‘li Natanildir. Uning sanoqqa kirgan sipohi 54.400 tadir. Undan keyin esa Zabulun qabilasi chodirlarini joylashtirsin. Zabulun qabilasining yo‘lboshchisi Xalon o‘g‘li Eliyobdir. Uning sanoqqa kirgan sipohi 57.400 tadir. Yahudo qarorgohidagi sanoqqa kirgan sipohlarning hammasi 186.400 tadir. Birinchi bo‘lib ular yo‘lga chiqishsin. Uchrashuv chodirining janub tomonida chodir tikadigan qabilalar Ruben qarorgohida guruh–guruh bo‘lib joylashsinlar. Ruben qabilasining yo‘lboshchisi Shaduvor o‘g‘li Elizurdir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 46.500 tadir. Uning yonida Shimo‘n qabilasi chodirlarini o‘rnashtirsin. Shimo‘n qabilasining yo‘lboshchisi Zurishaday o‘g‘li Shalumiyoldir. Uning sanoqqa kirgan sipohi 59.300 tadir. Keyin Gad qabilasi chodirlarini joylashtirsin. Gad qabilasining yo‘lboshchisi Duvel o‘g‘li Eliasafdir. Uning sanoqqa kirgan sipohi 45.650 tadir. Ruben qarorgohidagi hisobga kirgan sipohlarning hammasi 151.450 tadir. Ikkinchi bo‘lib ular yo‘lga chiqishsin. Dastlabki ikkita qarorgoh va keyingi ikkita qarorgoh o‘rtasida levilar Uchrashuv chodiri bilan birga yo‘lga chiqishsin. Qabilalar qay tartibda qarorgohda joylashgan bo‘lsa, yana o‘sha tartibda yo‘lga chiqishlari lozim. Har biri o‘z o‘rnida, o‘z qarorgohi safida borsin. Uchrashuv chodirining g‘arb tomonida chodir tikadigan qabilalar Efrayim qarorgohida guruh–guruh bo‘lib joylashsinlar. Efrayim qabilasining yo‘lboshchisi Omihud o‘g‘li Elishamadir. Uning sanoqqa kirgan sipohi 40.500 tadir. Undan keyin Manashe qabilasi chodirlarini o‘rnashtirsin. Manashe qabilasining yo‘lboshchisi Padozur o‘g‘li Gamalieldir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 32.200 tadir. So‘ngra Benyamin qabilasi chodirlarini joylashtirsin. Benyamin qabilasining yo‘lboshchisi Gido‘nax o‘g‘li Avidondir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 35.400 tadir. Efrayim qarorgohidagi sanoqqa kirgan hamma sipohlar 108.100 tadir. Uchinchi bo‘lib ular yo‘lga chiqishsin. Uchrashuv chodirining shimol tomonida chodir tikadigan qabilalar Dan qarorgohida guruh–guruh bo‘lib joylashsinlar. Dan qabilasining yo‘lboshchisi Omishaday o‘g‘li Oxazardir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 62.700 tadir. Uning yonida Osher qabilasi chodirlarini o‘rnashtirsin. Osher qabilasining yo‘lboshchisi Oxron o‘g‘li Paxiyoldir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 41.500 tadir. So‘ngra Naftali qabilasi chodirlarini o‘rnashtirsin. Naftali qabilasining yo‘lboshchisi Enan o‘g‘li Oxirdir. Uning sanoqqa kirgan sipohlari 53.400 tadir. Dan qarorgohidagi sanoqqa kirgan hamma sipohlar 157.600 tadir. Ular guruh–guruh bo‘lib oxirida yo‘lga chiqishsin.” Shunday qilib, butun Isroil xalqi xonadonlari bo‘yicha sanoqdan o‘tdi. Qarorgohlarda guruh–guruh bo‘lib joylashgan lashkarning umumiy soni 603.550 ta chiqdi. Musoga Egamiz amr etganday, Levi qabilasi Isroil xalqiga qo‘shib hisoblanmadi. Xullas, Musoga Egamiz qanday amr etgan bo‘lsa, Isroil xalqi shuni qildi. Ular qarorgohi bo‘yicha joylashgan, har biri o‘z urug‘i, xonadoni bo‘yicha yo‘lga chiqqan edi. Egamiz Sinay tog‘ida Muso bilan so‘zlashganda, Muso va Horunning nasli quyidagilardan iborat edi: Horunning to‘rtta o‘g‘li bor edi: Nadov, Abihu, Elazar va Itamar. Nadov to‘ng‘ich o‘g‘il edi. Muso Horunning bu o‘g‘illariga moy surtib, ularni ruhoniylikka tayinlagan edi. Lekin Nadov bilan Abihu Sinay sahrosida Egamiz amr etmagan olovni Uning huzuriga olib kelganlari uchun o‘sha yerda nobud bo‘lgan edilar. Ikkovi ham befarzand edi. Shuning uchun faqat Elazar bilan Itamar otalari Horunning hayotligida ruhoniy bo‘lib xizmat qilgan edilar. Musoga Egamiz shunday amr berdi: “ Levi qabilasini ruhoniy Horun huzuriga boshlab kel. Ular Horunga yordam berishsin. Levilar Horun va butun Isroil jamoasiga xizmat qilib, Muqaddas chodirga oid bo‘lgan barcha yumushlarni bajarishsin. Ular Isroil xalqi uchun Muqaddas chodirda xizmat qilib, chodirdagi hamma ashyolar uchun mas’ul bo‘lishsin. Levilarni Horun va uning o‘g‘illari ixtiyoriga ber. Isroil xalqining bu qabilasi to‘liq ularning ixtiyorida bo‘lishi shart. Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylik xizmatiga tayinla. Ruhoniylik vazifasini bajargan har qanday boshqa odamning jazosi o‘limdir.” Musoga Egamiz yana dedi: “Men levilarni Isroil xalqining onadan tug‘ilgan barcha to‘ng‘ich o‘g‘illari o‘rnida qabul qilganman. Levilar Menikidir. Zotan, hamma to‘ng‘ich o‘g‘illar Menga tegishli. Men Misrliklarning hamma to‘ng‘ich o‘g‘illarini nobud qilgan kunim Isroil xalqining barcha to‘ng‘ich o‘g‘illarini — odamidan tortib hayvoniga qadar — O‘zim uchun ajratib olganman. Ularning hammasi Meniki bo‘lishi shart. Zotan, Men Egangizman.” Musoga Egamiz Sinay sahrosida yana aytdi: “Levi qabilasini urug‘i va xonadonlari bo‘yicha sanab chiq. Bir oylik va undan yuqori yoshdagi hamma erkak zotini sanab chiq.” Egamizning amri bo‘yicha Muso ularni sanab chiqdi. Levining uchta o‘g‘li bo‘lib, ismlari Gershon, Qohot va Marori edi. Gershonning Lubnax va Shimax degan o‘g‘illari bo‘lib, har qaysisidan bittadan urug‘ kelib chiqdi. Qohotning Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol degan o‘g‘illari bo‘lib, ulardan ham bittadan urug‘ kelib chiqdi. Marorining Maxli va Mushi degan o‘g‘illari bo‘lib, ulardan ham bittadan urug‘ kelib chiqdi. Levi urug‘larining ota xonadoni bo‘yicha ro‘yxatga olinganlari ana shular edi. Gershondan Lubnax va Shimax urug‘lari kelib chiqdi. Gershon urug‘iga qarashli bir oylik va undan yuqori yoshdagi erkaklar sanalganda, 7500 ta chiqdi. Gershon urug‘i chodirlarini Muqaddas chodirning orqa tomonida, g‘arbda o‘rnashtirishlari kerak edi. Gershon urug‘ining oqsoqoli Loyol o‘g‘li Eliasaf edi. Gershon urug‘i chodirning quyidagi ashyolari uchun mas’ul edi: chodirning ichki qavati va qoplamalari, chodirga kiraverishdagi parda, chodir bilan qurbongoh atrofini to‘sib turadigan pardalar, hovliga kiraverishdagi parda va uning arqonlari. Chodirning bu ashyolar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xizmat Gershon urug‘i zimmasida edi. Qohotdan Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol urug‘lari kelib chiqdi. Ularga qarashli bir oylik va undan yuqori yoshdagi erkaklar sanalganda, 8600 ta chiqdi. Qohot urug‘i Muqaddas chodir uchun mas’ul edi. Qohot urug‘i Muqaddas chodirning janub tomonida chodir qurishi kerak edi. Qohot urug‘i oqsoqoli Uziyol o‘g‘li Elizofon edi. Ular chodirdagi quyidagi ashyolar uchun mas’ul edilar: sandiq, xontaxta, chiroqpoya, qurbongohlar, xizmat paytida ishlatiladigan Muqaddas chodir buyumlari va ichki pardasi. Chodirdagi bu ashyolar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xizmat Qohot urug‘i zimmasida edi. Levi oqsoqollari ustidan ruhoniy Horun o‘g‘li Elazar boshchilik qilardi. Muqaddas chodir uchun mas’ul bo‘lganlar Elazarning nazorati ostida edilar. Maroridan Maxli va Mushi urug‘lari kelib chiqdi. Marori urug‘ining bir oylik va undan yuqori yoshdagi erkaklari sanalganda, 6200 ta chiqdi. Marori urug‘i oqsoqoli Abuhayil o‘g‘li Zuriyol edi. Ular Muqaddas chodirning shimol tomoniga chodirlarini o‘rnatishlari kerak edi. [36-37] Ular chodirdagi quyidagi ashyolar uchun mas’ul edilar: chodirning romlari, tambalari, ustunlar va ustun tagliklari, ularga oid barcha buyumlar, hovlining atrofidagi ustunlar va ustun tagliklari, qoziq va arqonlari, ularga tegishli hamma buyumlar. Chodirdagi bu ashyolar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xizmat Marori urug‘i zimmasida edi. *** Muso, Horun va uning o‘g‘illari o‘z chodirlarini sharq tomonda — Muqaddas chodirning oldida o‘rnatishlari kerak edi. Ular Isroil xalqining vakillari sifatida Muqaddas chodirdagi xizmat uchun mas’ul edilar. Ulardan boshqa birontasi chodirga yaqin kelsa, o‘sha odamning jazosi o‘lim edi. Muso va Horun, Egamizning amriga ko‘ra, Levi qabilasining bir oylik va undan yuqori yoshdagi hamma erkaklarini urug‘lari bo‘yicha sanab chiqqanda, ularning umumiy soni 22.000 ta chiqdi. Egamiz shundan keyin Musoga yana aytdi: “Isroil xalqining bir oylik va undan yuqori yoshdagi hamma to‘ng‘ich o‘g‘illarini sanab chiq. Ularning ismlarini ro‘yxat qilib yoz. Men Egangizman. Men Levi qabilasini Isroil xalqining hamma to‘ng‘ich o‘g‘illari o‘rniga qabul qilaman. Isroil xalqining chorvasida birinchi tug‘ilgan bolasi o‘rniga levilarning chorvasini ham olaman.” Muso Egamizning amrini bajardi. Isroil xalqining hamma to‘ng‘ich o‘g‘illarini sanab chiqdi. Bir oylik va undan yuqori yoshdagi hamma to‘ng‘ich o‘g‘il bittama–bitta sanalganda, 22.273 ta chiqdi. Musoga Egamiz aytdi: “Isroil xalqining hamma to‘ng‘ich o‘g‘illari o‘rniga levilarni Menga bag‘ishla, Isroil xalqining chorvasi o‘rniga esa levilarning chorvasini Menga bag‘ishla. Levilar Meniki bo‘ladi. Men Egangizman. Isroilning to‘ng‘ich o‘g‘illari levilardan 273 ta ortiq. Isroil xalqi ana shu ortiqchasi evaziga tovon to‘lashi kerak. Har bir ortiq odam evaziga besh bo‘lakdan kumush ol. Har bir kumush bo‘lakning og‘irligi 2,5 misqol bo‘lsin. O‘sha kumushni Horun va uning o‘g‘illariga ber.” [49-50] Muso ortiq chiqqan Isroil to‘ng‘ich o‘g‘illaridan 1365 ta kumush bo‘lakni yig‘ib oldi. *** Muso Egamizning amriga ko‘ra, yig‘ib olgan tovon pulini Horun va uning o‘g‘illariga berdi. Muso bilan Horunga Egamiz yana dedi: “Endi Levi qabilasidan bo‘lgan Qohot avlodini urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiq. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli, o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lganlarni sana. Qohot urug‘ining xizmati Uchrashuv chodirining eng muqaddas ashyolari bilan bog‘liq bo‘ladi. Yo‘lga chiqqaningizda, Horun va uning o‘g‘illari chodirga kirib, ahd sandig‘ini to‘sib turadigan ichki pardani yechishsin. O‘sha parda bilan sandiqni yopishsin. So‘ng uning ustidan yumshoq teridan qilingan yopinchiq tashlashsin. Uning ustidan esa sidirg‘a ko‘k choyshab tashlashsin. So‘ng xodalarni joy–joyiga o‘rnatishsin. Keyin muqaddas nonlar qo‘yiladigan xontaxtaga ko‘k choyshab to‘shashsin. Xontaxtaga lagan, piyola, sharob nazr qilish uchun kosa va ko‘zalar qo‘yishsin. Xontaxta ustida muqaddas nonlar doimo tursin. Bu narsalarning ustidan qirmizi choyshab tashlashsin. Keyin yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopib, xodalarni joy–joyiga o‘rnatishsin. So‘ng ko‘k choyshab bilan chiroqpoyani, uning moychiroqlarini, qisqichlarini, patnislarini va zaytun moyi solingan hamma idishlarini yopib qo‘yishsin. So‘ng bularning ustidan yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopib, zambilga solishsin. Oltin qurbongohga ko‘k choyshab tashlab, uning ustidan yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopishsin va xodalarni joy–joyiga o‘rnatishsin. Keyin Muqaddas xonada ishlatiladigan buyumlarni olib, ko‘k choyshab ustiga qo‘yishsin. So‘ng ustini yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopib, zambilga solishsin. Bronza qurbongohni kuldan tozalab, uni safsar rangdagi choyshab bilan yopishsin. So‘ng qurbongohda ishlatilgan hamma buyumlarni — olovkurak, sanchqi, kurak, tog‘orachalarni qurbongoh ustiga qo‘yishsin. Yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan qurbongohni yopib, xodalarni joy–joyiga o‘rnatishsin. Horun va uning o‘g‘illari Muqaddas chodirdagi jihozlarni va buyumlarni yopib bo‘lganlaridan keyin, yo‘lga chiqish vaqti bo‘lganda, Qohot urug‘i bu ashyolarni ko‘tarib borsin. Lekin ular bu muqaddas ashyolarga qo‘l tekkizishmasin, aks holda ular o‘ladilar. Demak, Qohot urug‘i Uchrashuv chodiridagi ashyolarni ko‘tarib boradi. Ruhoniy Horun o‘g‘li Elazar chiroqpoya uchun zaytun moyi, xushbo‘y hidli tutatqi, kundalik don nazri va muqaddas qiladigan moyga mas’ul bo‘ladi. Xullas, butun Muqaddas chodir va u yerdagi hamma narsalar, muqaddas jihozlar va buyumlar Elazar nazorati ostida bo‘ladi.” Egamiz Muso bilan Horunga yana dedi: “ Levi qabilasi orasidan Qohot urug‘ining qirilib ketishiga yo‘l qo‘ymanglar. [19-20] Qohot urug‘idan bo‘lgan har bir odamga xizmat vaqtida nima qilishini va nimani ko‘tarib borishini Horun va uning o‘g‘illari aytishsin. Muqaddas ashyolarga bir lahza bo‘lsa ham qaragani Qohot urug‘i chodirga kirmasligi kerak. Shunda Qohot urug‘idagi erkaklar eng muqaddas ashyolarga yaqin kelganlarida, o‘lmay tirik qolishadi.” *** So‘ng Musoga Egamiz shunday dedi: “Gershon avlodini ham urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiq. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli, o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lganlarini sana. Gershon urug‘ining xizmati va ko‘taradigan yuklari quyidagilardan iborat bo‘ladi: Ular Muqaddas chodirning ichki qavatini, chodirning qoplamasi va yumshoq teridan qilingan tashqi qoplamani, chodirga kiraverishdagi pardani, chodir bilan qurbongoh atrofini to‘sib turadigan pardalarni, hovliga kiraverishdagi pardani va unga tegishli arqonlar va hamma buyumlarni ko‘tarib borishlari lozim. Bu ashyolar bilan aloqador ishlarning hammasini Gershon urug‘i bajarsin. Horun va uning o‘g‘illari Gershon urug‘ining xizmatini, tashiydigan yuklarini va bajaradigan vazifalarini to‘liq nazorat qilib turishsin. Gershon urug‘i ularning aytganlarini qilib, aytgan yuklarni ko‘tarishsin. Gershon urug‘ining Uchrashuv chodirida qiladigan xizmati mana shulardan iboratdir. Ular ruhoniy Horun o‘g‘li Itamarning nazorati ostida xizmat qilishadi. Endi Marori avlodini urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiq. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lganlarini sana. Ularning Uchrashuv chodiridagi vazifasi quyidagi ashyolarni ko‘tarib yurishdan iborat bo‘ladi: chodirning romlarini, tambalarini, ustunlar va ustun tagliklarini, hovlining atrofidagi ustunlar va ustun tagliklarini, qoziq va arqonlarini, ularga tegishli hamma buyumlarni. Qaysi odam qaysi narsani ko‘tarib borishini aniq belgilanglar. Marori urug‘ining Uchrashuv chodirida qiladigan ishlari mana shulardan iboratdir. Ular ruhoniy Horun o‘g‘li Itamarning nazorati ostida xizmat qilishadi.” Muso, Horun va jamoaning yo‘lboshchilari Qohot avlodini urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiqishdi. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli, o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan erkaklarning soni 2750 ta chiqdi. Qohot urug‘ining Uchrashuv chodirida xizmat qiladiganlari ana shular edi. Muso orqali Egamiz bergan amrga ko‘ra, Muso bilan Horun ularni sanadi. Gershon avlodi ham urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiqildi. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha erkaklarning soni 2630 ta chiqdi. Gershon urug‘ining Uchrashuv chodirida xizmat qiladiganlari ana shular edi. Egamizning amriga ko‘ra, Muso bilan Horun ularni sanadi. Marori avlodi ham urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiqildi. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha erkaklarning soni 3200 ta chiqdi. Marori urug‘i ana shular edi. Muso orqali Egamiz bergan amrga ko‘ra, Muso bilan Horun ularni sanadi. Shunday qilib, Muso, Horun va Isroil yo‘lboshchilari Levi qabilasini urug‘i va xonadoni bo‘yicha sanab chiqishdi. Uchrashuv chodirida xizmat qilishga va chodir ashyolarini ko‘tarishga yaroqli, o‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan erkaklarning umumiy soni 8580 ta chiqdi. Ular Muso orqali Egamiz bergan amrga ko‘ra, har bir odamga qiladigan ishlarini va ko‘tarib boradigan buyumlarini taqsimlab berishdi. Musoga Egamiz amr etganday, hamma odam ro‘yxatga olindi. Musoga Egamiz aytdi: “ Isroil xalqiga buyur. Ular teri kasalligiga chalinganlarni, jinsiy a’zosidan ajralma chiqqanlarni, murdalarga tegib harom bo‘lganlarni qarorgohdan chiqarib yuborishsin. Erkagini ham, ayolini ham qarorgohdan tashqariga chiqarib yuborishsin. Ularning dastidan qarorgoh harom bo‘lmasin. Axir, Men xalqim orasida yashayman.” Isroil xalqi Egamizning Musoga bergan amrini ado etib, o‘shanaqa odamlarni qarorgohdan chiqarib yubordi. [5-6] Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: Egamizga xiyonat qilgan, birodariga firib bergan har qanday erkak yoki ayol aybdor hisoblansin. *** Bunday odam qilgan gunohini tan olsin. Jabr chekkan tomonga keltirgan zarari uchun tovon to‘lasin, buning ustiga, tovonning beshdan bir qismini ham qo‘shib bersin. Bordi–yu, jabr chekkan odam vafot etgan bo‘lsa va uning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, zararni qoplash uchun to‘lanadigan tovon Egamizga bag‘ishlanib, ruhoniyga berilsin. Aybdor tomon tovon bilan birga bir qo‘chqorni olib kelsin. Ruhoniy qo‘chqorni qurbonlik qilib, aybdor tomonni gunohdan poklasin. Isroil xalqi Egamizga atab, ruhoniyga olib kelgan har qanday ehson ruhoniyniki hisoblansin. Ruhoniy qabul qilib olgan hamma ehsonlar ruhoniyning o‘ziga tegishli bo‘lsin. [11-12] Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: agar birontasining xotini yomon yo‘lga kirib, eriga xiyonat qilsa, *** begona erkak bilan yotib o‘zini bulg‘asa–yu, uni hech kim tutib olmasa, bunga biror guvoh bo‘lmagani uchun erining bundan xabari bo‘lmasa, keyinchalik eri xotinidan shubhalana boshlasa, xotini o‘zini bulg‘amagan taqdirda ham, eri undan shubhalanib, rashk qilsa, er xotinini ruhoniy huzuriga yetaklab borsin. Xotini uchun to‘rt kosa arpa unini nazr qilib olib borsin. Arpa uniga zaytun moyi yoki xushbo‘y tutatqi qo‘shilmasin. Bu nazr ayol aybdor yoki aybdor emasligini bilish uchun keltirilayotgan rashk nazridir. Ruhoniy ayolni yetaklab, Egamiz huzuriga olib kirsin. So‘ng muqaddas suvni sopol idishga quysin–da, Muqaddas chodirning ichidagi yerdan tuproq olib, suvga qo‘shsin. Ayolni ruhoniy Egamiz huzuriga olib kirgandan so‘ng, ayolning sochini yoysin. Uning qo‘liga rashk uchun keltiriladigan don nazrini tutqizib qo‘ysin. Ruhoniyning o‘zi esa qo‘lida la’nat keltiradigan achchiq suvni ushlab tursin. Ruhoniy ayolga qasam ichtirib, unga shunday so‘zlarni aytsin: “Agar sen begona erkak bilan yotmagan bo‘lsang, bulg‘anmagan, eringga xiyonat qilmagan bo‘lsang, mana shu la’nat keltiradigan achchiq suv senga hech qanday zarar yetkazmasin. Agar eringga xiyonat qilib, bulg‘angan bo‘lsang, eringdan boshqa odam bilan yotgan bo‘lsang, odamlar kimnidir la’natlaganda, Egam sening nomingni la’natga qo‘shib aytadigan qilsin. Egam seni bola tug‘a olmaydigan qilib qo‘ysin. O‘sha la’nat keltiradigan suv ichingga kirganda, seni bola tug‘a olmaydigan qilib qo‘ysin.” Shunda ayol: “Omin, omin”, deb aytsin. So‘ng ruhoniy la’nat so‘zlarini qog‘ozga yozib, uni achchiq suvda yuvsin. Toki ayol o‘sha suvni ichganda, la’nat uning tanasiga kirib azob bersin. Ruhoniy ayolning qo‘lidan rashk uchun keltirilgan don nazrini olib, bu nazrni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tarsin, so‘ng qurbongohga olib borsin. Don nazrining bir hovuchini qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qshilish, unning hammasi Xudoga tegishli ekannini bildiradi. Keyin ayolga achchiq suvdan ichirsin. Agar ayol eriga xiyonat qilib bulg‘angan bo‘lsa, la’nat keltiruvchi achchiq suv uning ichiga kirgach, qattiq azob beradi. Ayol bola tug‘a olmaydigan bo‘lib qoladi. O‘sha ayol o‘z xalqi orasida la’nati bo‘ladi. Agar ayol bulg‘anmagan, pok bo‘lsa, hech qanday zarar ko‘rmaydi, bundan keyin ham farzand ko‘rishga qodir bo‘ladi. Rashk haqidagi qonun mana shundan iboratdir. Xotin eriga vafo qilmay, yomon yo‘lga kirib bulg‘anganda yoki eri xotinini rashk qilib, undan shubhalana boshlaganda, er xotinini Egamizning huzuriga boshlab kelsin. Ruhoniy esa shu qonunga binoan ish tutsin. O‘shanda er gunohdan forig‘ bo‘ladi, ayol esa qilgan gunohi uchun jazosini tortadi. [1-2] Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: agar erkak yoki ayol ont ichib, o‘zini Egamizga nazr qilib bag‘ishlashga qaror qilgan bo‘lsa, *** u sharob va o‘tkir ichimliklardan o‘zini tiysin. Uzum sirkasini ham, boshqa o‘tkir ichimliklarni ham iste’mol qilmasin. Uzumdan tayyorlangan biror ichimlikni zinhor ichmasin. Mayizni va uzumni hech og‘ziga olmasin. U o‘zini nazr qilgan davr mobaynida uzumdan tayyorlangan biror narsani iste’mol qilmasin, hatto uzumning doni va po‘stlog‘ini ham og‘ziga olmasin. Ont ichib, belgilagan davr mobaynida sochiga ham, soqoliga ham ustara tegmasin. U Egamizga bag‘ishlanganligi uchun, nazr qilingan kunlari tugagunga qadar sochlarini o‘stirib yursin. [6-7] Soch o‘sha odamning Egamizga bag‘ishlanganligi belgisidir. Shuning uchun o‘sha odam Egamizga nazr qilingan kunlari davomida murdaga yaqinlashmasin. Otasi, onasi, aka–ukasi yoki opa–singillaridan birortasi vafot etib qolganda ham, u murda yoniga borib o‘zini bulg‘amasin. *** Nazr qilingan kunlari davomida u Egamizga bag‘ishlangandir. Bordi–yu, uning oldida kimdir to‘satdan vafot etib qolsa, nazr qilingan odamning boshi harom bo‘lgan hisoblanadi. Shuning uchun nazr qilingan odam yetti kundan keyin sochini oldirsin. Shunda u yana pok bo‘ladi. Sakkizinchi kuni esa Uchrashuv chodiri kiraverishiga ikkita kaptar yoki ikkita musichani olib kelib ruhoniyga bersin. Ruhoniy bu qushlardan bittasini gunoh qurbonligi qiladi, ikkinchisini esa kuydiriladigan qurbonlik qiladi. Shunday qilib, murda tufayli harom bo‘lgan o‘sha odamni gunohidan poklaydi. Nazr qilingan odam o‘sha kuniyoq o‘zini qaytadan Egamizga bag‘ishlashi kerak. U bulg‘anganligi uchun oldingi kunlar hisobga kirmaydi. U Egamizga bag‘ishlangan nazr kunlarini boshqatdan boshlashi lozim. Buning uchun u bir yoshli qo‘chqor qo‘zini ayb qurbonligi qilsin. Nazr qilinganlar uchun qonun quyidagichadir: nazr qilingan odam Egamizga bag‘ishlagan kunlari tugaganda, Uchrashuv chodiri kiraverishiga kelsin. U Egamizga atab quyidagi qurbonligu nazrlarni keltirsin: kuydiriladigan qurbonlik uchun bir yoshli nuqsonsiz qo‘chqor qo‘zini, gunoh qurbonligi uchun bir yoshli nuqsonsiz sovliq qo‘zini, tinchlik qurbonligi uchun nuqsonsiz qo‘chqorni, ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazrini, bir savat xamirturushsiz nonlarni — zaytun moyi aralashtirilgan sifatli undan tayyorlangan nonlar va zaytun moyi surtilgan chalpaklarni. Ruhoniy bularning hammasini Egamizga taqdim qilib, gunoh qurbonligi va kuydiriladigan qurbonlik qilsin. So‘ng qo‘chqorni don va sharob nazri bilan birga Egamizga tinchlik qurbonligi qilsin. Shuningdek, savatdagi xamirturushsiz nonlarni ham keltirsin. Nazr qilgan odam Uchrashuv chodiriga kiraverishda nazr qilingan sochini oldirsin. Keyin sochlarini yig‘ishtirib olib, tinchlik qurbonligi kuydirilayotgan olovga tashlasin. U sochini oldirib bo‘lgandan so‘ng, ruhoniy qo‘chqorning pishirilgan yelkasini, savatdan bir dona xamirturushsiz nonni, bitta chalpakni olib, nazr qilingan odamning qo‘liga tutqizsin. Keyin ruhoniy o‘sha narsalarni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatib, yuqoriga ko‘tarsin. Bu narsalar ruhoniyning muqaddas ulushi bo‘ladi. Bular — ruhoniy yuqoriga ko‘tarishi uchun beriladigan qo‘chqor to‘shi va nazr qilingan qo‘chqor sonidan tashqari beriladi. Shundan so‘ng nazr qilingan odam sharob ichishi mumkin. Nazr qilinganlar uchun qonun shundan iboratdir. Agar nazr qilingan odam Egamizga bulardan tashqari yana biron narsani va’da qilgan bo‘lsa, bergan va’dasi ustidan chiqsin. Egamiz Musoga dedi: — Horun va uning o‘g‘illari Isroil xalqini duo qilganlarida, shunday deb aytishlari kerak: “Egam senga baraka bersin, Seni O‘z panohida asrasin! Egam senga ochiq yuz bilan boqsin, Senga iltifot qilsin. Egam nazarini senga solsin, Senga tinchlik ato etsin!” Horun va uning o‘g‘illari Isroil xalqini Mening nomim bilan duo qilishsin. Shunda Men Isroil xalqiga baraka beraman. Muso Muqaddas chodirni o‘rnatib bo‘lgan kuni chodirga moy surtib muqaddas qildi. So‘ng chodirning barcha ashyolariga, qurbongohga va uning barcha buyumlariga moy surtib chiqib, muqaddas qildi. Shundan keyin xalqni ro‘yxatga olish uchun mas’ul bo‘lgan yo‘lboshchilar — Isroil qabilalarining urug‘boshilari o‘z nazrlarini keltirishdi. Ularning Egamizga keltirgan nazrlari oltita soyabonli arava va o‘n ikkita ho‘kizdan iborat edi. Har bir yo‘lboshchi bittadan ho‘kiz va har ikkita yo‘lboshchi bittadan arava olib kelgan edi. Yo‘lboshchilar bu nazrlarini Egamizga Muqaddas chodir oldida taqdim qilishdi. Shunda Egamiz Musoga aytdi: “Ular olib kelgan narsalarni qabul qilib ol. Bu narsalardan Uchrashuv chodirida xizmat qilishda foydalaninglar. Levilar nima ish qilishlariga qarab, bu narsalarni ularga taqsimlab ber.” Shunday qilib, Muso aravalarni va ho‘kizlarni levilarga taqsimlab berdi. Gershon urug‘ining qiladigan xizmatiga yarasha ikkita arava va to‘rtta ho‘kizni berdi. Marori urug‘ining qiladigan xizmatiga yarasha esa to‘rtta arava va sakkizta ho‘kizni berdi. Marori va Gershon urug‘lari ruhoniy Horunning o‘g‘li Itamar nazorati ostida chodirda xizmat qilishardi. Qohot urug‘iga esa Muso hech narsa bermadi, chunki ular chodirning muqaddas ashyolari uchun mas’ul edilar va bu ashyolarni yelkada ko‘tarib borishlari lozim edi. Muso qurbongohga moy surtib muqaddas qilgandan keyin Isroil yo‘lboshchilari qurbongohning bag‘ishlanishiga ham o‘z nazrlarini olib kelishdi. Ular nazrlarini qurbongoh oldiga qo‘yishdi. Egamiz Musoga shunday degan edi: “Yo‘lboshchilar qurbongohni bag‘ishlash marosimiga olib kelgan bu nazrlarni har kuni bittadan taqdim qilishsin.” Birinchi kuni Yahudo qabilasidan Ominadovning o‘g‘li Naxsho‘n nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Ominadov o‘g‘li Naxsho‘nning nazrlari ana shulardan iborat edi. Ikkinchi kuni Issaxor qabilasining yo‘lboshchisi Zuvor o‘g‘li Natanil nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Zuvor o‘g‘li Natanilning nazrlari ana shulardan iborat edi. Uchinchi kuni Zabulun qabilasining yo‘lboshchisi Xalon o‘g‘li Eliyob nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Xalon o‘g‘li Eliyobning nazrlari ana shulardan iborat edi. To‘rtinchi kuni Ruben qabilasining yo‘lboshchisi Shaduvor o‘g‘li Elizur nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Shaduvor o‘g‘li Elizurning nazrlari ana shulardan iborat edi. Beshinchi kuni Shimo‘n qabilasining yo‘lboshchisi Zurishaday o‘g‘li Shalumiyol nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Zurishaday o‘g‘li Shalumiyolning nazrlari ana shulardan iborat edi. Oltinchi kuni Gad qabilasining yo‘lboshchisi Duvel o‘g‘li Eliasaf nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Duvel o‘g‘li Eliasafning nazrlari ana shulardan iborat edi. Yettinchi kuni Efrayim qabilasining yo‘lboshchisi Omihud o‘g‘li Elishama nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Omihud o‘g‘li Elishamaning nazrlari ana shulardan iborat edi. Sakkizinchi kuni Manashe qabilasining yo‘lboshchisi Padozur o‘g‘li Gamaliel nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Padozur o‘g‘li Gamalielning nazrlari ana shulardan iborat edi. To‘qqizinchi kuni Benyamin qabilasining yo‘lboshchisi Gido‘nax o‘g‘li Avidon nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Gido‘nax o‘g‘li Avidonning nazrlari ana shulardan iborat edi. O‘ninchi kuni Dan qabilasining yo‘lboshchisi Omishadayning o‘g‘li Oxazar nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Omishaday o‘g‘li Oxazarning nazrlari ana shulardan iborat edi. O‘n birinchi kuni Osher qabilasining yo‘lboshchisi Oxron o‘g‘li Paxiyol nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Oxron o‘g‘li Paxiyolning nazrlari ana shulardan iborat edi. O‘n ikkinchi kuni Naftali qabilasining yo‘lboshchisi Enan o‘g‘li Oxir nazrlarini taqdim qildi. U quyidagi nazrlarni berdi: og‘irligi 330 misqol bo‘lgan bitta kumush lagan, og‘irligi 180 misqol bo‘lgan bitta kumush tog‘oracha. Ikkalasi ham don nazri uchun sifatli un bilan to‘ldirilib, unga zaytun moyi aralashtirilgan edi. Tutatqi to‘ldirilgan, og‘irligi 25 misqol keladigan bitta oltin piyola. U bitta buqa, bitta qo‘chqor, bitta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qildi, bitta takani gunoh qurbonligi qildi, ikkita ho‘kiz, beshta qo‘chqor, beshta taka, beshta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini tinchlik qurbonligi qildi. Enan o‘g‘li Oxirning nazrlari ana shulardan iborat edi. Shunday qilib, Muso qurbongohga moy surtib muqaddas qilgandan keyin Isroil yo‘lboshchilari qurbongohning bag‘ishlanishiga olib kelgan nazrlarning jami quyidagicha edi: o‘n ikkita kumush lagan, o‘n ikkita kumush tog‘oracha, o‘n ikkita oltin piyola. Har bir kumush laganning og‘irligi 330 misqol, har bir kumush tog‘oracha 180 misqol edi. Hammasi bo‘lib taqdim qilingan kumush buyumlarning og‘irligi ikki pudga yaqin edi. Tutatqi to‘ldirilgan har bir oltin piyolaning og‘irligi 25 misqol edi. Bu o‘n ikki oltin buyumning umumiy og‘irligi 300 misqol chiqdi. O‘n ikkita buqa, o‘n ikkita qo‘chqor, o‘n ikkita bir yoshli qo‘chqor qo‘zi kuydiriladigan qurbonlik qilindi, qurbonlikka qo‘shib qilinadigan don nazri ham keltirildi. O‘n ikkita taka gunoh qurbonligi qilindi. Yigirma to‘rtta ho‘kiz, oltmishta qo‘chqor, oltmishta taka, oltmishta bir yoshli qo‘chqor qo‘zi tinchlik qurbonligi qilindi. Muso qurbongohga moy surtib muqaddas qilgandan keyin, qurbongohning bag‘ishlanishiga ana shu nazrlar taqdim qilingan edi. Muso Egamiz bilan gaplashish uchun Uchrashuv chodiriga kirganda, Egamizning ovozini eshitdi. Ovoz ahd sandig‘ining qopqog‘i ustidagi ikkita karub orasidan kelayotgan edi. Egamiz yana Musoga dedi: “Horunga ayt, u yettala moychiroqni chiroqpoyaga o‘rnatganda, moychiroqlarning nuri chiroqpoyaning old tomonini yoritadigan qilib o‘rnatsin.” Horun Muso orqali Egamiz amr berganday qildi: yettala moychiroqni chiroqpoyaning old tomonini yoritadigan qilib o‘rnatdi. Chiroqpoya Egamiz Musoga ko‘rsatgan namuna bo‘yicha, tagligidan tortib gullarigacha zarb qilingan oltindan yasalgan edi. Egamiz Musoga yana aytdi: “ Isroil xalqi orasidan levilarni ajratib olib, quyidagi yo‘l bilan ularni pokla: levilarga gunohdan poklaydigan suvni sep. Ular ustara bilan butun badanlarini qirib tozalashsin, kiyimlarini yuvishsin. Shundan so‘ng ular pok bo‘lishadi. So‘ngra ular buqani va buqaga qo‘shib nazr qilinadigan zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni olib kelishsin. Bundan tashqari, boshqa bir buqani gunoh qurbonligi qilish uchun olib kelishsin. So‘ng butun jamoani to‘pla, levilarni Uchrashuv chodiri oldiga olib kel. Levilarni Men, Egangizning huzuriga olib kelganingda, Isroil xalqi levilarga qo‘llarini qo‘ysin. Horun levilarni Isroil xalqidan maxsus nazr sifatida Men, Egangizga, bag‘ishlasin, toki levilar Menga xizmat qilishsin. Levilar qo‘llarini buqalarning boshiga qo‘yishsin. Horun bir buqani gunoh qurbonligi, ikkinchi buqani esa kuydiriladigan qurbonlik qilib, levilarni gunohlardan poklasin. Keyin levilarni Horun va uning o‘g‘illari ro‘parasiga turg‘izib qo‘y. Levilarni maxsus nazr sifatida Men, Egangizga, bag‘ishla. Shunday qilib, levilarni Isroil xalqi orasidan ajratib ol. Levilar Meniki bo‘ladi. Levilarni poklab, maxsus nazr sifatida Menga bag‘ishlaganingdan so‘ng, ular xizmat qilish uchun Uchrashuv chodiriga kira oladilar. Men levilarni Isroil xalqi orasidan O‘zim uchun olganman. Ularni O‘zim uchun, Isroil ayollaridan tug‘ilgan barcha to‘ng‘ich o‘g‘illari o‘rniga olganman. Chunki Isroil xalqining hamma to‘ng‘ichlari — odamning to‘ng‘ich o‘g‘lidan tortib mollarning birinchi erkak bolasigacha Menikidir. Misrda hamma to‘ng‘ichlarni nobud qilgan kunim Men Isroil xalqining to‘ng‘ich o‘g‘illarini O‘zim uchun ajratib olganman. Isroil xalqi orasidagi hamma to‘ng‘ich o‘g‘illar o‘rniga esa levilarni olganman. Levilarni Isroil xalqi orasidan ajratib olib, Horun va uning o‘g‘illari ixtiyoriga topshirganman. Levilar Isroil xalqi nomidan Uchrashuv chodirida xizmat qilib, ularni chodirga yaqin kelib qolishidan yuz beradigan kulfatdan himoya qiladi.” Muso, Horun va butun Isroil jamoasi levilarni Egamizga bag‘ishladilar. Xullas, Egamizning levilar haqida Musoga bergan amrlarini bajardilar. Levilar poklanishdi, kiyimlarini yuvishdi. Horun ularni maxsus nazr sifatida Egamizga bag‘ishlab, poklash marosimini o‘tkazdi. Shundan keyin levilar Horun va uning o‘g‘illari nazorati ostida Uchrashuv chodirida xizmat ado etish uchun u yerga kirdilar. Shunday qilib, Egamiz levilar haqida Musoga qanday amr etgan bo‘lsa, Isroil xalqi uning amrlarini ado etdi. Egamiz yana Musoga aytdi: “Levilar quyidagi qoidaga rioya qilishsin: yigirma besh va undan yuqori yoshdagi levilar Uchrashuv chodiridagi xizmatini boshlashsin. Ellik yoshda esa xizmatidan bo‘shab, boshqa xizmat qilishmasin. Xizmatidan bo‘shagan levilar Uchrashuv chodirida xizmat qilayotgan birodarlariga yordam berishlari mumkin. Lekin biror ish uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yinlariga olishmasin. Levilarning majburiyatlarini shu yo‘l bilan aniqlab ber.” Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin ikkinchi yilning birinchi oyida Egamiz Sinay sahrosida Musoga dedi: “Isroil xalqiga ayt, ular Fisih ziyofatini belgilangan vaqtda, shu oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda nishonlashsin. Bayramning hamma qonun–qoidalariga rioya qilishsin.” Shunday qilib, Muso Isroil xalqiga: “Fisih ziyofatini nishonlanglar”, deb buyruq berdi. Isroil xalqi birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda Sinay sahrosida Fisih ziyofatini nishonladi. Ular hamma narsani Egamizning Musoga bergan amri bo‘yicha qilishdi. Biroq odam murdasiga tegib harom bo‘lganlar o‘sha kuni Fisih ziyofatida ishtirok etisha olmadi. Ular o‘sha kuniyoq Muso bilan Horunning huzuriga kelib shunday deyishdi: — Biz murdaga tekkanimiz uchun harommiz. Lekin nima uchun biz chetda qolishimiz kerak? Biz ham, Isroil xalqi qatori, belgilangan vaqtda Egamizga qurbonlik keltirmoqchimiz! Muso ularga: — Kutib turinglar–chi, Egamiz sizlar to‘g‘ringizda qanday amr berar ekan, eshitay, — deb javob berdi. Musoga Egamiz shunday javob berdi: — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Birortangiz yoki avlodlaringizdan kimdir murdaga tegib harom bo‘lsa yoki safarga ketgan bo‘lsa, Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlayversin. Bunday odamlar bayramni ikkinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda nishonlab, qurbonlik go‘shtini xamirturushsiz non va taxir o‘tlar bilan birga yeyishsin. Ertalabgacha taomdan qoldirishmasin. Qurbonlikning birorta suyagini sindirishmasin. Fisih ziyofatini hamma qonunlarga muvofiq nishonlashsin. Lekin bironta odam pok bo‘lib, safarda bo‘lmasa va shunga qaramay, Fisih ziyofatini nishonlashdan bosh tortsa, belgilangan vaqtda Egamizga bag‘ishlab qurbonlik qilmagani uchun Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinsin. Shunday qilib, u o‘z gunohi uchun jazosini tortadi. Orangizda yashayotgan musofir Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi bo‘lganda, o‘sha qonun–qoidalarga rioya qilishi lozim. Hammangiz uchun — sizlar va musofirlar uchun qonun bitta bo‘lsin.” Muqaddas chodir o‘rnatilgan kuni chodirni bulut qoplab oldi. Oqshomdan ertalabgacha Muqaddas chodir tepasidagi bulutning ko‘rinishi alangaga o‘xshar edi. Har doim shu ahvol yuz berardi: chodirni kunduzi bulut qoplab olar, tunda esa bulut alangaga o‘xshab turardi. Bulut chodir tepasidan ko‘tarilgach, Isroil xalqi yo‘lga chiqardi. Bulut to‘xtagan joyda esa Isroil xalqi chodir tikardi. Isroil xalqi Egamizning amri bilan yo‘lga chiqar va Egamizning amri bilan chodir tikardi. Bulut Muqaddas chodir tepasida turgan vaqt mobaynida, ular ham joylaridan siljimas edilar. Bulut chodir tepasida uzoq kunlar turib qolganda ham, Isroil xalqi Egamizning talabiga rioya qilib, yo‘lga chiqmasdi. Ba’zan esa bulut chodir tepasida ozroq kun turardi. Bunday paytda ham Isroil xalqi Egamizning amriga muvofiq to‘xtardi, Uning amri bilan yo‘lga chiqardi. Ayrim vaqtlarda esa bulut chodir tepasida bor–yo‘g‘i bir kechagina turib, ertalab ko‘tarilar edi. Shunda Isroil xalqi ham yo‘lga chiqardi. Bulut ko‘tarilgan payti, kechasi bo‘ladimi, kunduzi bo‘ladimi, Isroil xalqi ham yo‘lga chiqardi. Ba’zan bulut ikki kun, bir oy yoki uzoqroq vaqt mobaynida chodir tepasida turib qolardi. Shunda Isroil xalqi ham qarorgohda qolib, yo‘lga chiqmasdi. Bulut ko‘tarilgandan so‘ng Isroil xalqi yo‘lga chiqardi. Ular Egamizning amri bilan to‘xtab, Uning amri bilan yo‘lga chiqishardi. Muso orqali Egamiz bergan amrlariga muvofiq hamma talablarni bajarishar edi. Egamiz Musoga aytdi: “Sen ikkita kumush karnay yasattir, karnaylar zarb urib yasalgan bo‘lsin. Bu karnaylar jamoani yig‘ish hamda yo‘lga chiqish vaqtini e’lon qilish uchun kerak bo‘ladi. Karnaylarning ikkalasi chalinganda, butun jamoa sening oldingga — Uchrashuv chodiri kiraverishi oldiga to‘plansin. Karnayning bittasi chalinganda esa, Isroil qabilalarining yo‘lboshchilari sening oldingga yig‘ilib kelishsin. Karnay qisqa chalinganda, sharqdagi qarorgohda turgan qabilalar yo‘lga chiqishsin. Ikkinchi marta qisqa chalinganda esa, janubdagi qarorgohda turgan qabilalar yo‘lga chiqishsin. Karnayning qisqa sadosi yo‘lga chiqish kerakligini bildiradi. Jamoani yig‘ish lozim bo‘lganda esa, karnaylar boshqacha sado chiqarib chalinsin. Karnayni Horunning o‘g‘illari, ruhoniylar chalishlari lozim. Bu amr sizlar uchun va sizlarning avlodlaringiz uchun doimiy qonun–qoidadir. Yurtingizga bostirib kelgan dushmanga qarshi jangga otlanayotganingizda, xatardan darak berib karnaylarni chalinglar. Shunda Men, Egangiz Xudo, sizlarga yordam berib, sizlarni dushmanlaringiz qo‘lidan xalos qilaman. Shuningdek, xursandchilik kunlaringizda — belgilangan bayramlaringizda va oy boshida qurbonliklar kuydirganingizda hamda tinchlik qurbonliklarini keltirganingizda karnaylarni chalinglar. Shunda Men, Egangiz Xudo, sizlarga yordam beraman. Zotan, Men Egangiz Xudoman.” Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin ikkinchi yilning ikkinchi oyi yigirmanchi kunida bulut Muqaddas ahd chodiri tepasidan ko‘tarildi. Shundan so‘ng Isroil xalqi Sinay sahrosidan safarga chiqdi. Nihoyat, bulut Poron sahrosida to‘xtadi. Ular birinchi marta Egamizning Muso orqali bergan amriga ko‘ra, yo‘lga chiqqan edilar. Birinchi bo‘lib, Ominadov o‘g‘li Naxsho‘n boshchiligida Yahudo qarorgohida turgan qabilalar o‘z bayrog‘i ostida guruh–guruh bo‘lib yo‘lga chiqishdi. Issaxor qabilasiga Zuvor o‘g‘li Natanil boshchilik qilar edi. Zabulun qabilasiga Xalon o‘g‘li Eliyob boshchilik qilar edi. Shundan keyin Muqaddas chodir yig‘ishtirib olindi. Gershon va Marori urug‘lari chodirni ko‘tarib, yo‘lga chiqishdi. Keyin Shaduvor o‘g‘li Elizur boshchiligida Ruben qarorgohida turgan qabilalar o‘z bayrog‘i ostida guruh–guruh bo‘lib yo‘lga chiqishdi. Shimo‘n qabilasiga Zurishaday o‘g‘li Shalumiyol boshchilik qilar edi. Gad qabilasiga Duvel o‘g‘li Eliasaf boshchilik qilar edi. Keyin chodirning muqaddas ashyolarini ko‘targan Qohot urug‘i yo‘lga chiqdi. Ular qarorgoh quriladigan joyga yetib borgunlaricha, Muqaddas chodir o‘rnatib bo‘linishi kerak edi. Keyin Omihud o‘g‘li Elishama boshchiligida Efrayim qarorgohida turgan qabilalar o‘z bayrog‘i ostida guruh–guruh bo‘lib yo‘lga chiqishdi. Manashe qabilasiga Padozur o‘g‘li Gamaliel boshchilik qilardi. Benyamin qabilasiga Gido‘nax o‘g‘li Avidon boshchilik qilardi. Eng oxirida Omishaday o‘g‘li Oxazar boshchiligida Dan qarorgohidagi qabilalar o‘z bayrog‘i ostida guruh–guruh bo‘lib yo‘lga chiqishdi. Ular Isroil qarorgohlarining qorovullar bo‘linmasini tashkil qilishgan edi. Osher qabilasiga Oxron o‘g‘li Paxiyol boshchilik qilardi. Naftali qabilasiga Enan o‘g‘li Oxir boshchilik qilardi. Isroil xalqi doim shu tartibda guruh–guruh bo‘lib yo‘lga chiqar edi. Muso o‘zining qaynag‘asi, Midiyonlik Yatro o‘g‘li Xo‘vovga dedi: — Egamiz, sizlarga beraman, deb va’da qilgan yurtga biz ketyapmiz, siz ham biz bilan yuring. Egamiz bizga ko‘p yaxshiliklarni va’da qilgan, agar biz bilan borsangiz, biz ham sizga yaxshilik qilamiz. — Bormayman, — dedi Xo‘vov, — men o‘z yurtimga — o‘zimning qarindoshlarim oldiga qaytib ketaman. — Iltimos, bizni tashlab ketmang! — dedi unga Muso. — Sahroning qaysi joyiga chodir tikish kerakligini siz bilasiz. Siz bizning ko‘zimiz bo‘lasiz. Agar biz bilan birga borsangiz, Egamiz bizga qilgan hamma yaxshiliklarni siz bilan baham ko‘ramiz. Ular Egamizning muqaddas tog‘ini tark etganlaridan so‘ng, uch kun yo‘l yurishdi. Chodir tikadigan joyni topish uchun Egamizning ahd sandig‘i doimo oldinda borardi. Ular kunduz kuni yo‘l yurganlarida, Egamizning buluti ularning ustida borar edi. Sandiq yo‘lga chiqqanda, Muso shunday derdi: “Qo‘zg‘al, ey, Egam, Sening g‘animlaring tumtaraqay bo‘lsin. Seni ko‘rolmaganlar oldingdan qochib ketsin.” Ahd sandig‘i to‘xtaganda esa Muso shunday derdi: “Qayt, ey, Egam, Ming–minglab Isroil xalqi orasiga!” Xalq qiyinchiliklardan ming‘irlab nolib, Egamizni qattiq ranjitdi. Egamiz ularning ming‘irlab nolishini eshitib, g‘oyat g‘azablanganidan qarorgohga alanga tushirdi. Alanga avj olib, qarorgohning chetlarini kuydirib yubordi. Xalq Musoga faryod qildi. Muso Egamizga iltijo qilgan edi, alanga o‘chdi. Egamizning alangasi qarorgohni yondirgani uchun bu joyga Tavera, deb nom berildi. Isroil xalqi orasidagi qalang‘i–qasang‘ilarning nafsiga o‘t tushdi. Isroil xalqi ham ularga qo‘shilishib fig‘on chekib, zorlana boshladi: “Qani, endi go‘sht bo‘lsa! Biz Misrda tekinga baliq, bodring, qovun, piyoz, porey piyozi, sarimsoq yeyar edik. Endi esa sillamiz qurigan, mannadan boshqa yeydigan hech narsa yo‘q.” Manna kashnich urug‘iga o‘xshardi, uning rangi daraxt yelimi rangiday edi. Xalq mannani yerdan yig‘ishtirib olar, tegirmonda yanchib yoki havonchada tuyib, so‘ng qozonga solib qaynatardi, non ham yopardi. Uning mazasi zaytun moyi qo‘shib yopilgan nonga o‘xshardi. Tunda qarorgohga shabnam tushganda, shabnam bilan birga manna ham yog‘ilardi. Hamma odamlar oila a’zolari bilan birga o‘z chodirlariga kiraverishda turib faryod qilishayotgan edi. Buni eshitgan Muso qattiq ranjidi. Egamizning g‘azabi ham alanga oldi. Shunda Muso Egamizga dedi: — Nimaga qulingning boshiga shuncha azoblarni solding? Nima uchun mendan marhamatingni darig‘ tutding? Nima uchun bu xalqning og‘irligini menga yuklading? Shu xalqning hammasini men qornimda ko‘tarib yurganmidim?! Ularni men tuqqanmidim?! Nimaga unda Sen menga: “Enaga chaqaloqni ko‘tarib yurganday, sen bu xalqni Men ota–bobolaringga va’da qilgan yurtga qo‘llaringda ko‘tarib bor”, deb aytyapsan? Ular yig‘lab, bizga go‘sht ber, deb aytishyapti! Shuncha xalqqa go‘shtni qayerdan topib beraman, axir?! Bu xalqning og‘irligini men bir o‘zim ko‘tara olmayman. Bunga ortiq chiday olmayman. Agar menga munosabating shu bo‘lsa, hoziroq jonimni olib qo‘ya qol. Bordi–yu, Sendan marhamat topgan bo‘lsam, mening bunchalik xor bo‘lishimga yo‘l qo‘yma. Shunda Egamiz Musoga dedi: — Menga Isroil oqsoqollaridan yetmishtasini yig‘ib ber. Ular xalqning orasida yo‘lboshchi deb tan olingan obro‘li odamlardan bo‘lishsin. Ularni Uchrashuv chodiriga olib kelib, o‘zingning yoningga turg‘izib qo‘y. Men tushib kelib, u yerda sen bilan gaplashaman. So‘ng senga bergan Ruhimdan olib, ularga ham beraman. Sen bu xalqning og‘irligini yolg‘iz o‘zing ko‘tarmasliging uchun, ular yoningga kirib, og‘iringni yengil qilishadi. Xalqqa esa shu gapni ayt: “Ertangi kunga tayyorlanib poklaninglar, go‘sht yeysizlar. Sizlar Egamizning qulog‘i ostida ming‘irlab nolib, qani, endi go‘sht bo‘lsa, biz Misrda davr surgan ekanmiz, deb faryod qildingizlar. Shuning uchun Egamiz sizlarga go‘sht beradi, sizlar go‘sht yeysizlar. Sizlar go‘shtni bir–ikki kun emas, besh–o‘n kun ham emas, yigirma kun ham emas, balki bir oy davomida — go‘sht burnilaringizdan chiqquncha, ko‘nglingizga urguncha yeysizlar. Chunki sizlar, Misrdan chiqishimizning nima keragi bor edi, deya ming‘irlab nolib, orangizdagi Egangizni rad etdingiz.” Lekin Muso Egamizga aytdi: — Mening yonimdagi bu xalq 600.000 jondan iborat. Sen esa: “Ularni bir oy davomida go‘sht bilan boqaman”, deyapsan! Bor mol–qo‘yimizni so‘ysak ham, dengizdagi hamma baliqlarni yig‘ishtirib kelsak ham, ularni to‘ydira olarmidik?! Egamiz shunda Musoga aytdi: — Nima, Men, Egangning qo‘li kaltamidi?! Mening senga aytgan gaplarim bajo bo‘lishi yoki bo‘lmasligini endi ko‘rasan. Shundan keyin Muso tashqariga chiqib, Egamizning so‘zlarini xalqqa yetkazdi. So‘ng yetmishta xalq oqsoqolini yig‘ib, ularni Muqaddas chodir atrofiga joylashtirdi. Shunda Egamiz bulut ichida tushib kelib, Muso bilan gaplashdi, Musoga bergan O‘z Ruhidan olib, yetmishta oqsoqolga berdi. Ruh oqsoqollarni qamrab oldi va ular zikr tusha boshladilar. Lekin bunday hol boshqa takrorlanmadi. Yetmishta oqsoqolning ikkitasi Muqaddas chodirga bormay qarorgohda qolgan edi. Birining ismi Eldod, ikkinchisiniki Midod edi. Biroq Egamizning Ruhi ularni ham qamrab oldi, ular ham qarorgohda zikr tusha boshladilar. Bir o‘spirin yugurib kelib, Musoga: “Eldod bilan Midod qarorgohda zikr tushishyapti”, dedi. Musoning yordamchisi, yoshligidan unga xizmat qilib kelgan Nun o‘g‘li Yoshua dedi: — Muso hazratlari! Ularni to‘xtating! Muso esa unga shunday javob berdi: — Sen mening manfaatimni ko‘zlab, shu gaplarni aytyapsanmi? Menga qolsa, Egamning butun xalqi payg‘ambar bo‘lsin, Egamiz O‘z Ruhini ularning hammasiga bersin, deyman! Shundan so‘ng Muso bilan Isroil oqsoqollari qarorgohga qaytib kelishdi. Egamiz shamol qo‘zg‘atdi. Shamol dengizdan bedanalarni uchirib kelib, ularni qarorgohga va qarorgoh atrofiga uyub tashladi. Bedanalar qarorgohning aylanasi bo‘ylab bir kunlik masofada, ikki tirsak balandlikda uchib yurgan edi. Xalq o‘sha kuni kunduzi va kechasi, keyingi kuni ham ertadan kechgacha bedana yig‘ishtirdi. Eng oz tergan odamniki oltmish savat chiqdi. Ular bedanalarni quritish uchun butun qarorgoh atrofiga yoyib tashlashdi. Lekin odamlar go‘shtni endi og‘ziga olib, hali yeyishga ham ulgurmagan edilarki, Egamiz xalqqa g‘azabini sochib, qaqshatqich o‘lat yubordi. Bu yerga Xivrut–Xattavo, deb nom berildi, chunki bu yerga nafsi buzuq odamlar dafn qilingandi. Xalq Xivrut–Xattavodan Xazero‘tga qarab yo‘lga chiqdi. Ular Xazero‘tga yetib borganlaridan keyin qarorgoh qurishdi. Muso Habashistonlik ayolga uylangani uchun, Maryam va Horun Musoga qarshi gapirdilar. Ikkovi: “ Egamiz yolg‘iz Muso orqali gapiribdimi?! U biz orqali ham gapirmaganmi?!” deyishdi. Egamiz ularning bu gapini eshitdi. Muso juda kamtar odam edi, yer yuzida kamtarlikda unga teng keladigani yo‘q edi. Egamiz birdan Muso, Horun va Maryamga: — Uchovingiz ham Uchrashuv chodiriga kelinglar! — deb amr berdi. Shundan so‘ng uchovlari Uchrashuv chodiriga kelishdi. Egamiz ustun shaklidagi bulutda tushib, chodirga kiraverishda turdi va Horun bilan Maryamni chaqirdi. Ikkovi oldinga chiqdi. Egamiz ularga dedi: — Mening so‘zlarimni eshitib olinglar. Orangizda payg‘ambar bo‘lganda, Men, Egangiz, O‘zimni ularga vahiyda ayon qilaman, ular bilan tushlarida gaplashaman. Lekin qulim Muso bilan boshqacha gaplashaman. Mening butun xalqim orasida ishonchlisi Musodir. Men u bilan jumboqli bashoratlar orqali emas, balki yuzma–yuz, ochiq–oydin gaplashaman. Muso Men, Egangizning sharpasini ko‘radi. Nahotki sizlar Mening qulim Musoga qarshi gapirishdan qo‘rqmadingizlar?! Egamiz ulardan qattiq g‘azablanib, uzoqlashdi. Bulut chodir tepasidan ketishi bilanoq, Maryam teri kasalligiga chalinib, qorday oppoq bo‘lib qoldi. Horun buni ko‘rib, Musoga yolvordi: — Ey, hazratim, biz ahmoqlik qilib qo‘ydik! O‘tinaman, gunohimizdan o‘ting! Maryam ona qornidayoq chiriy boshlagan o‘lik chaqaloqqa o‘xshab qolmasin! Shunda Muso Egamizga iltijo qilib: — Ey, Xudo, unga shifo ber! — deb yolvordi. Egamiz esa Musoga shunday javob berdi: — Agar Maryamning o‘z otasi uning yuziga tupurganda, u yetti kun sharmanda bo‘lib yurmasmidi?! Maryamni qarorgohdan chiqarib yuboringlar, u yetti kundan keyingina qarorgohga qaytib kelishi mumkin. Shunday qilib, Maryam qarorgohdan haydab chiqarildi. U yetti kun qarorgohdan tashqarida bo‘ldi. U qaytib kelmaguncha xalq yo‘lga chiqmay turdi. Shundan so‘ng xalq Xazero‘tdan yo‘lga chiqib, Poron sahrosiga kelib qarorgoh qurdi. Egamiz Musoga dedi: “Men Isroil xalqiga berayotgan Kan’on yurtiga ayg‘oqchilar yubor. Har bir qabiladan bittadan yo‘lboshchini jo‘nat.” Muso, Egamizning amriga muvofiq, qabila yo‘lboshchilarini Poron sahrosidan Kan’on yurtiga jo‘natdi. Ularning ismi quyidagichadir: Ruben qabilasidan — Zakkur o‘g‘li Shammuva. Shimo‘n qabilasidan — Xo‘ri o‘g‘li Shofot. Yahudo qabilasidan — Yafunax o‘g‘li Xolib. Issaxor qabilasidan — Yusuf o‘g‘li Yixal. Efrayim qabilasidan — Nun o‘g‘li Xo‘sheya. Benyamin qabilasidan — Rofu o‘g‘li Palti. Zabulun qabilasidan — So‘di o‘g‘li Gaddiel. Yusuf qabilasidan, ya’ni Manashe qabilasidan — Susix o‘g‘li Gaddi. Dan qabilasidan — Gamali o‘g‘li Omiyol. Osher qabilasidan — Mikoyil o‘g‘li Satur. Naftali qabilasidan — Vofsi o‘g‘li Naxbi. Gad qabilasidan — Moxi o‘g‘li Guval. Muso Kan’on yurtiga ayg‘oqchilikka yuborgan odamlarning ismi ana shulardir. Muso Nun o‘g‘li Xo‘sheyaning ismini o‘zgartirib, uni Yoshua, deb atadi. Muso ularni Kan’on yurtiga ayg‘oqchilikka yuborar ekan, shunday dedi: “Shimolga qarab yuringlar, Nagav cho‘lini aylanib chiqqaningizdan keyin, cho‘ldan shimolda joylashgan qirli yerlarni ham ko‘rib chiqinglar. U yerlar qanday joy, u yerda yashayotgan xalq kuchlimi yoki zaifmi, ko‘pmi yoki ozmi, yurti yaxshimi yoki yomonmi, shaharlari devor bilan o‘ralganmi yoki yo‘qmi, yerlari unumdormi yoki kamhosilmi, daraxtlari bormi yoki yo‘qmi, bilib kelinglar. O‘sha yurtning mevalaridan olib kelishning ilojini qilinglar.” Uzum mavsumi endi boshlangan edi. Shunday qilib, ayg‘oqchilar shimolga qarab ketishdi. Zin cho‘lidan boshlab, Levo–Xomat yaqinidagi Rexob shahrigacha bo‘lgan hamma joylarni ko‘zdan kechirib chiqishdi. Dastavval ular Nagav cho‘lini kesib o‘tib, Xevron shahriga borishgandi. O‘sha yerda Inoqdan kelib chiqqan Oximan, Sheshay va Talmay urug‘lari yashashardi. Xevron Misrdagi Zo‘van shahridan yetti yil oldin qurilgan edi. U yerdan ayg‘oqchilar Eshko‘l soyligiga borib, bir bosh uzumni shoxi bilan qirqib olishgandi. Bu bosh uzumni ikki kishi xodaga osib ko‘tarib ketgandi. Bundan tashqari, ular anor va anjirlardan ham olishgandi. Ayg‘oqchilar soylikdan bir bosh uzum qirqib olganlari uchun o‘sha soylikka Eshko‘l, deb nom berildi. Nihoyat, ular yurtni ko‘rib chiqib, qirqinchi kuni qaytishdi. Poron sahrosidagi Kadeshga — Muso, Horun va butun Isroil jamoasi oldiga kelishdi. Ularga ko‘rgan–bilganlarini aytib, o‘sha yurtning mevalarini ko‘rsatishdi. Ular Musoga shunday deb aytishdi: — Siz bizni yuborgan yurtga bordik, u yerda chindan ham sut va asal oqib yotibdi. Mana bu mevalar o‘sha yerdan. Lekin u yerdagi xalqlar kuchli, shaharlari mustahkam va nihoyatda ulkan ekan. Biz u yerda hatto Inoq avlodini ham ko‘rdik! Omolek xalqi — Nagav cho‘lida, Xet, Yobus va Amor xalqlari — qirlarda, Kan’on xalqi esa O‘rta yer dengizi qirg‘oqlarida va Iordan daryosi bo‘ylarida istiqomat qilishar ekan. Xolib Musoning ro‘parasida turgan xalqni tinchlantirib: — Bo‘la qolinglar, o‘sha yurtga hujum qilib, uni egallab olaylik. O‘sha yurtni bosib olishga albatta kuchimiz yetadi, — dedi. Lekin Xolib bilan birga borganlar: — U xalqqa bas kela olarmidik?! Ular bizdan kuchliroq–ku! — deyishdi. Shunday qilib, ular o‘zlari ko‘rib kelgan yurt to‘g‘risida Isroil xalqi orasida bo‘lmag‘ur mish–mishlar tarqata boshlashdi: “Biz ko‘rib kelgan yurt u yerda yashashga boradiganlarni yutib yuborar ekan. O‘sha yurtdagi hamma odamlar dev qomat ekan. Biz u yerda hatto ulkan pahlavonlar urug‘idan bo‘lgan Inoq avlodini ko‘rdik. Ularning oldida o‘zimizni xuddi chigirtkaday his qildik. Ha, ularning nazarida ham biz chigirtkaday edik.” Keyin butun jamoa fig‘on chekib, tun bo‘yi yig‘i–sig‘i qilib chiqdi. Jamiki Isroil xalqi Muso va Horundan ming‘irlab nolib, ularga shunday dedi: — Qaniydi, Misrda o‘lib ketganimizda yoki shu sahroda jon berganimizda edi! Agar jangda qirilib ketadigan bo‘lsak, nima uchun Egamiz bizni o‘sha yurtga olib boryapti? Bizning xotinu bola–chaqalarimiz dushmanga o‘lja bo‘ladi–ku! Bundan ko‘ra, Misrga qaytib ketganimiz yaxshiroq emasmi?! Shundan so‘ng ular o‘zaro: “O‘zimizga bir yo‘lboshchi tanlaymiz–u, Misrga qaytib ketamiz”, deb kelishib olishdi. Muso bilan Horun esa butun Isroil jamoasi oldida muk tushishdi. Yurtni ko‘rib kelgan ayg‘oqchilarning ikkitasi Nun o‘g‘li Yoshua va Yafunax o‘g‘li Xolib qayg‘udan kiyimlarini yirtishdi. Ikkovi jamiki Isroil jamoasiga deyishdi: — Biz ko‘rib kelgan yurt — juda ham yaxshi joy! Agar Egamiz bizdan mamnun bo‘lsa, U bizni o‘sha yurtga olib kiradi, sut va asal oqib yotgan o‘sha yurtni bizga beradi. Faqat Egamizga qarshi isyon qilmanglar! U yurtning xalqidan qo‘rqmanglar! Ular biz uchun oson o‘lja bo‘lishadi. Ular pushti panohidan ayrilgan, Egamiz esa biz bilan bo‘ladi. Ulardan qo‘rqmanglar! Lekin butun jamoa: “Yoshua va Xolibni toshbo‘ron qilamiz!” deb po‘pisa qildi. Shunda Egamiz ulug‘vorligini Uchrashuv chodirida jamiki Isroil xalqiga zohir qildi. Egamiz Musoga dedi: — Qachongacha bu xalq Meni xo‘rlaydi?! Ularning orasida qancha mo‘jiza ko‘rsatgan bo‘lsam–u, qachongacha Menga ishonmay yuradi?! Men o‘lat yuborib bu xalqni qirib tashlayman. Sendan esa ulardan ham kuchliroq va buyukroq bir xalq yarataman. Ammo Muso Egamizga shunday javob qildi: — Sen bu xalqni O‘z qudrating bilan Misrliklar orasidan olib chiqqan eding–ku! Agar xalqingni qirib tashlasang, Misrliklar bu haqda eshitishadi. Ular bu yurtda istiqomat qilayotgan xalqlarga ham bu haqda xabar berishadi. Ey, Egam, o‘sha xalqlar Sen biz bilan ekaningni bilishadi. Sen biz bilan yuzma–yuz ko‘rishganingni, Sening buluting doimo bizning tepamizda turganini, Sen bizni kunduzi ustun shaklidagi bulut ichida, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida yo‘lga boshlaganingni ular bilishadi, axir! [15-16] Bordi–yu, sen xalqingning hammasini birday qirib tashlasang, Sening ulug‘vorliging haqida eshitgan xalqlar: “Isroil xalqining Egasi qasam ichib va’da bergan yurtga O‘z xalqini olib kira olmagani uchun, ularni sahroda nobud qilib yuboribdi”, — deb aytishmaydimi?! *** Yo, Rabbiy, iltijo qilaman, O‘z matonatingni ko‘rsat. Sen O‘zing aytgansan: “Men, Egangizning jahli tez chiqmas, sodiq sevgim mo‘ldir. Fosiqlikni, isyonni kechiraman. Lekin aybdorni aslo jazosiz qoldirmayman. Men ularni jazolab, ularning gunohlari oqibatini bolalariga, nabiralariga va chevaralariga olib kelaman.” O‘tinaman, cheksiz sevging tufayli bu xalqning gunohidan o‘t. Axir, Sen ularni Misrdan chiqqanlaridan beri kechirib kelyapsan. — Iltimosingga muvofiq ularni kechiraman, — dedi Egamiz Musoga. — Lekin Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi, yer yuzini to‘ldirgan ulug‘vorligim haqi, ont ichib aytamanki, [22-23] bu odamlarning birortasi Men otalariga va’da qilgan yurtga kirmaydi. Ular Mening buyuk qudratimni, Misrda va sahroda qilgan mo‘jizalarimni ko‘ra turib Menga quloq solmadilar, Meni qayta–qayta sinadilar. Meni xo‘rlagan bu odamlar Kan’on yurtini ko‘rmaydilar. *** Lekin qulim Xolib bundaylardan emas. U Menga sodiq qoldi. Shuning uchun Men uni o‘zi ko‘rib kelgan o‘sha yurtga olib kiraman. Uning nasli yurtni egallaydi. Endi esa Omolek va Kan’on xalqlari yashaydigan vodiylarga bora ko‘rmanglar. Ertagayoq orqaga qaytinglar, Qizil dengiz tomon yo‘l olib, sahroga boringlar. Egamiz Muso bilan Horunga dedi: — Qachongacha bu qabih jamoa Mendan noliyveradi?! Men Isroil xalqining ming‘irlab nolishini eshitdim. Ularga borib Mening shu gapimni ayt: “Barhayot Xudo bo‘lganim haqi, ont ichib aytamanki, Men so‘raganlaringizning hammasini sizlarga beraman. Men, Egangiz, aytdim. Jasadlaringiz mana shu sahroda qoladi. Ro‘yxatga kirgan yigirma va undan yuqori yoshdagilar — Mendan ming‘irlab noliganlarning hammasi Men ont ichib, sizlarga yashash uchun bermoqchi bo‘lgan yurtga kirishmaydi. U yurtga faqat Yafunax o‘g‘li Xolib bilan Nun o‘g‘li Yoshua kirishadi. Sizlar, bolalarimiz u yerda dushmanga o‘lja bo‘ladi, deb aytdingiz. Ammo Men bolalaringizni o‘sha yerga olib kiraman. Sizlar rad etgan o‘sha yurtdan ular bahra olishadi. Sizlarning jasadlaringiz esa mana shu sahroda qolib ketadi. Bolalaringiz sahroda qirq yil tentirab yuradi. Hammangiz mana shu sahroda nobud bo‘lmaguningizcha, bolalaringiz sizning sadoqatsizligingiz uchun azob tortishadi. Sizlar o‘sha yurtni qirq kun davomida ko‘rib qaytib kelgan edingizlar. Endi gunohingiz uchun qirq yil, har bir kun evaziga bir yildan jazo tortib yurasizlar. Menga qarshi chiqqanlarning holi ne kechishini shunda bilasizlar! Menga qarshi yig‘ilgan mana shu qabih jamoaning hammasini Men shunday ahvolga solamanki, ular mana shu sahroda qirilib, yo‘q bo‘lib ketishadi. Buni Men, Egangiz, aytdim.” Muso Kan’on yurtiga ayg‘oqchi qilib yuborgan o‘nta odam bo‘lmag‘ur gaplar tarqatib, jamoaning Egamizdan ming‘irlab nolishiga sababchi bo‘lgan edi. O‘sha yurt haqida noxush xabar olib kelgan bu odamlar o‘latga chalinib, Egamizning oldida jon berishdi. Ayg‘oqchilardan faqat Nun o‘g‘li Yoshua bilan Yafunax o‘g‘li Xolib tirik qoldi. Muso jamiki Isroil xalqiga shu gaplarni aytganda, xalq chuqur qayg‘uga botdi. Ertasiga ular tong saharda turdilar, Kan’ondagi qirlarga tomon jo‘nayotib shunday dedilar: — Qani, ketdik, gunoh qilganimizni anglab yetdik. Mana endi Egamiz bizga va’da qilgan o‘sha yurtga kirishga tayyormiz. Lekin Muso: — Nima uchun Egamizning amriga yana itoatsizlik qilyapsizlar? — dedi. — Bu bilan hech narsaga erisholmaysizlar–ku! U yerga bormanglar. Egamiz sizlar bilan emas! Dushmanlaringiz oldida mag‘lub bo‘lasizlar! Omolek va Kan’on xalqlari sizlarga qarshilik ko‘rsatishadi. Qirilib ketasizlar. Sizlar Egamizdan yuz o‘girganingiz uchun, U sizlar bilan birga bo‘lmaydi. Biroq Isroil xalqi bilganidan qolmay o‘sha yerdagi qirlarga chiqdi. Egamizning ahd sandig‘i bilan Muso esa qarorgohda qolishdi. O‘sha qirlarda istiqomat qiladigan Omolek va Kan’on xalqlari pastga tushib, Isroil xalqiga hujum qilishdi, ularni Xo‘rmaxgacha quvib borishdi. [1-2] Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarga beradigan yurtga o‘rnashib olganingizdan keyin mana bu qonunlarga rioya qiling: *** bergan va’dangizga muvofiq, qo‘y–echki suruvi yoki podadan qilinadigan qurbonlik, ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonlik, xalqning belgilangan bayramida qurbonlik qilay, deb Egamizga yoqimli hid borishi uchun quydiriladigan qurbonlik yoki tinchlik qurbonligi qilib olovda quydirasiz. [4-5] Shunda Egamizga atab, qurbonlikka qo‘shib don bilan sharob nazri ham qilishingiz lozim. Qo‘zi yoki uloqchani qurbonlik qilganingizda, don nazrini — ikki kosa zaytun moyi aralashtirilgan to‘rt kosa sifatli unni, ikki kosa sharobni nazr qilinglar. *** Qo‘chqorni qurbonlik qilganingizda, don nazrini — uch kosa zaytun moyi aralashtirilgan sakkiz kosa sifatli unni va uch kosa sharobni nazr qilinglar. Bu qurbonlik va nazrlardan Egamizga yoqimli hid boradi. Buqani Egamizga atab, kuydiriladigan qurbonlik, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan qurbonlik yoki tinchlik qurbonligi qilganingizda, qurbonlikka qo‘shib to‘rt kosa zaytun moyi aralashtirilgan o‘n ikki kosa sifatli unni va to‘rt kosa sharobni nazr qilinglar. Olovda kuydiriladigan bu qurbonlik va nazrlardan Egamizga yoqimli hid boradi. Shunday qilib, buqa, qo‘chqor, qo‘zi yoki uloqchani qurbonlik qilganingizda, shu nazrlarni qurbonlikka qo‘shib keltiringlar. Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning soni qancha bo‘lishidan qat’iy nazar, har bir hayvonga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazr qilinglar. Isroil xalqidan bo‘lgan har bir odam qurbonlikni Egamizga yoqimli hid borishi uchun olovda kuydirganda, mana shu qoidalarga rioya qilishi shart. Agar orangizda o‘rnashib olgan yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan birorta musofir Egamizga yoqimli hid borishi uchun qurbonlikni olovda kuydirmoqchi bo‘lsa, u ham shu qoidalarga rioya qilsin. Isroil jamoasi uchun ham, orangizda yashayotgan musofir uchun ham qonun–qoida bir. Egamizning oldida sizlar ham, musofirlar ham birdir. Bu qonun–qoidaga doimo, avlodlaringiz osha rioya qilinglar. Sizlar uchun ham, orangizda yashayotgan musofirlar uchun ham qonun–qoida birdir. [17-18] Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz yana quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarni boshlab borayotgan yurtga kirganingizdan keyin, *** o‘sha yurtning nonidan tanovul qilasizlar. O‘shanda noningizning bir qismini Egamizga nazr qilinglar. Xamirning birinchi zuvalasidan yopilgan nonni Egamizga nazr qilinglar. Bu nazrni yanchilgan donni nazr qilganday nazr qilinglar. Avlodlar osha xamirning birinchi zuvalasini Egamizga nazr qilinglar. [22-23] Agar Egamiz men orqali bergan bu amrlarning birortasiga — Egamiz amr etgan kundan boshlab avlodlaringiz osha rioya qilmasangiz, *** agar jamoa bu xatoga bilmagan holda yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, butun jamoa Egamizga yoqimli hid borishi uchun bitta buqani kuydirib qurbonlik qilsin. Ular buqaga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrini keltirishsin. Bundan tashqari, bitta takani gunoh qurbonligi qilishsin. Shunday qilib, ruhoniy butun Isroil jamoasini gunohlaridan poklaydi. Jamoa bilmasdan xato qilgani uchun kechiriladi, chunki ular qilgan xatosi uchun Egamizga qurbonlik qilib, olovda kuydirgan va gunoh qurbonligini keltirgan bo‘ladilar. Egamiz butun Isroil jamoasini va sizlarning orangizda yashayotgan musofirlarni kechiradi, chunki butun xalq bilmay xato qilgan edi. Agar birorta odam bilmasdan gunoh qilib qo‘ysa, bir yoshli echkini gunoh qurbonligi qilsin. Ruhoniy Egamizning oldida o‘sha odamni gunohidan poklaydi, o‘sha odam kechiriladi. Bilmasdan gunoh qilib qo‘ygan Isroil odami uchun ham, orangizda istiqomat qilayotgan musofir uchun ham qonun bir. Lekin qasddan gunoh qilgan odam, Isroil xalqidanmi yoki musofirmi, Egamizga shak keltirgan bo‘ladi. O‘sha odam Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinsin. U Egamizning so‘zlarini nazar–pisand qilmagani uchun, amrlariga itoat qilmagani uchun albatta yo‘q qilinsin. Uning gunohi o‘z gardanida qoladi. Bir kuni Isroil xalqi sahroda turgan paytda, Shabbat kuni o‘tin terib yurgan bir odamni ushlab olishdi. Ular o‘sha odamni Muso, Horun va butun Isroil jamoasi oldiga olib kelishdi. Biroq bu odamni nima qilish kerakligini hali aniq bilishmagani uchun, uni qamab qo‘yishdi. Keyin Egamiz Musoga dedi: — Bu odamning jazosi o‘limdir. Butun jamoa uni qarorgohdan tashqariga olib chiqib, toshbo‘ron qilsin. Egamiz Musoga amr etganday, butun jamoa o‘sha odamni qarorgohdan tashqariga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Shundan keyin Egamiz Musoga dedi: — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Sizlar avlodlar osha kiyimlaringizning etagiga popuk qilib osib yuringlar. Har bir popukka ko‘k ip qo‘shib eshilgan bo‘lsin. Popuklar sizlarga Men, Egangizning amrlarini eslatib turadi. Ularni ko‘rganingizda Men sizlarga bergan hamma amrlarimni eslab, bajarasizlar. Xiyonatga yetaklovchi ko‘nglingiz, ko‘zingiz ehtiroslariga ortiq berilmaysizlar. Shunda sizlar Mening hamma amrlarimni yodingizda tutib bajarasizlar, Menga bag‘ishlangan bo‘lasizlar. Men Egangiz Xudoman. Men Xudoyingiz bo‘laman, deb sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Men Egangiz Xudoman.” [1-2] Bir kuni Levi qabilasining Qohot urug‘idan bo‘lgan Izxor o‘g‘li Ko‘rax Musoga qarshi isyon ko‘tardi. U Ruben qabilasidan Eliyobning o‘g‘illari Datan va Aburamni hamda Palaf o‘g‘li Onni yoniga qo‘shib oldi. Isroil xalqining 250 yo‘lboshchisi ham ularga qo‘shildi. Bu yo‘lboshchilar jamoa kengashining tayinlangan a’zolaridan bo‘lib, obro‘li kishilar edi. *** Ular Muso bilan Horunga qarshi yig‘ilishib, ikkoviga shunday deyishdi: — Sizlar haddingizdan oshib ketdingiz! Axir, butun jamoa va uning har bir a’zosi Egamizga tegishli–ku! Egamiz hammamiz bilan birgadir. Nimaga endi sizlar o‘zingizni Egamizning jamoasidan ustun qo‘yyapsizlar?! Muso bu gapni eshitib, muk tushdi. So‘ng Ko‘rax va uning sheriklariga shunday dedi: — Ertaga ertalab Egamiz O‘ziga tegishli bo‘lgan odamini ko‘rsatadi. Kim Xudoning tanlangani bo‘lsa, Egam o‘shani O‘ziga yaqinlashtiradi. Sen, Ko‘rax, hamtovoqlaring bilan birga otashkuraklaringizni olib, ertaga Egamiz oldida o‘sha otashkuraklaringizda tutatqi tutatinglar. O‘shanda Egamiz kimni tanlab olganini, kim Unga tegishli ekanligini ko‘ramiz. Ey, levilar, sizlar haddingizdan oshib ketdingizlar! Keyin Muso: — Ey, levilar, eshitib olinglar! — dedi Ko‘raxga. — Isroil xalqining Xudosi sizlarni Isroil jamoasidan ajratib oldi. Muqaddas chodirdagi yumushlarni bajarishingiz uchun sizlarni O‘ziga yaqinlashtirdi. Jamoa vakili sifatida butun xalqqa xizmat qilishingiz uchun sizlarni tanlab oldi. Nahotki shunisi sizlarga kamlik qilsa?! Egamiz sizlarni, hamma levi birodarlaringizni O‘ziga yaqinlashtirgan bo‘lsa, yana ruhoniylikni ham talab qilishingiz nimasi? Horun kim bo‘ptiki, sizlar undan ming‘irlab nolisangiz? Sizlar asli Horunga emas, Egamizga qarshi yig‘ilgansiz! Muso Eliyobning o‘g‘illari Datan va Aburamni chaqirib kelgani odam yubordi. Lekin ular: — Bormaymiz! — deb javob berishdi, — Sen bizni sut va asal oqib yotgan yurtdan olib chiqib, sahroda halok qilmoqchi bo‘lding. Shunisi yetmaganday, endi bizga xon bo‘lmoqchimisan?! Sen bizni sut va asal oqib yotgan yurtga olib kirmading, mulk qilib dalalaru uzumzorlarni bermading. Shu paytgacha bizni laqillatib kelyapsan. Yo‘q, oldingga bormaymiz! Muso qattiq g‘azablanib, Egamizga aytdi: — Ularning nazrlarini qabul qilma. Men ularning birortasiga yomonlik qilmadim–ku, ularning birontasidan hatto eshagini ham olmadim–ku! So‘ng Muso Ko‘raxga aytdi: — Ertaga o‘zing ham, hamma sheriklaring ham Egamiz oldida hozir bo‘linglar. Horun ham shu yerda bo‘ladi. 250 ta yo‘lboshchining hammasi otashkuraklariga tutatqi solib, Egamizning huzuriga olib kelishsin. Sen ham otashkuragingni olib kel, Horun ham o‘zinikini olib keladi. Shunday qilib, ertasi kuni har bir odam o‘z otashkuragini oldi. Otashkurakka cho‘g‘ solib, cho‘g‘ ustiga tutatqi tashladi. Ular Muso va Horun bilan birga Uchrashuv chodiri kiraverishiga kelib turishdi. Ko‘rax butun jamoani Uchrashuv chodiri kiraverishi oldiga — Muso va Horunning ro‘parasiga to‘plagach, Egamiz ulug‘vorligini butun jamoaga zohir qildi. Keyin Egamiz Muso bilan Horunga: — Bu jamoadan nari turinglar, — dedi. — Men ularni bir zumda yo‘q qilib yuboraman. Ikkovi esa muk tushib: — Ey, Xudoyim! Ey, odamzod ruhlarining Xudosi! — deb iltijo qilishdi. — Gunoh qilgan bitta odamu Sen esa butun jamoadan g‘azablanyapsanmi?! Egamiz Musoga dedi: — Jamoaga ayt, ular Ko‘rax, Datan va Aburamning chodirlaridan uzoqroq turishsin. Muso o‘rnida turib, Datan bilan Aburamning oldiga ketdi. Isroil oqsoqollari ham Musoga ergashishdi. Muso jamoaga dedi: — Bu qabih odamlarning chodirlaridan uzoqroq turinglar. Ularning biror narsasiga ham tegmanglar. Aks holda ularning hamma gunohlari uchun sizlar nobud bo‘lasizlar. Jamoa Ko‘rax, Datan va Aburamning chodirlaridan uzoqroqqa borib turishdi. Datan va Aburam esa xotinlari, bola–chaqalari bilan chodirlarining kiraverishiga chiqib turgan edilar. — Bu ishlarning hammasini ado etishim uchun meni Egamiz yuborganini, bularni o‘zimcha qilmaganimni shundan bilasizlar, — dedi Muso. — Agar Ko‘rax va uning sheriklari o‘z ajali bilan, hamma odamlar kabi o‘lishsa, meni Egamiz jo‘natmagan bo‘ladi. Bordi–yu, Egamiz favqulodda biror yangi narsa qilsa — yer yorilib ularni bor narsasi bilan yutib yuborsa, ular o‘liklar diyoriga tiriklayin kirib ketishsa, bilinglarki, o‘sha odamlar Egamizni xo‘rlagan bo‘ladi. Muso gapini endi tugatgan ham ediki, ularning oyog‘i ostidagi yer yorilib ketdi. Yerning og‘zi katta ochilib, ularni oila a’zolari, Ko‘raxning hamma sheriklari, mol–mulki bilan birga yutib yubordi. Shunday qilib, ular jamiki mol–mulki bilan birga tiriklayin o‘liklar diyoriga kirib ketishdi. Yer yopilib, ularni jamoa orasidan g‘oyib qildi. Ularning faryodidan atrofda turgan Isroil xalqi: “Bizni ham yer yutib yubormasin”, deb tum–taraqay bo‘ldi. Shu payt Egamiz alanga yuborib, tutatqi tutatgan 250 ta odamni kuydirib yubordi. Egamiz yana Musoga dedi: [37-38] — Horunning o‘g‘li ruhoniy Elazarga ayt. U gunohlari uchun o‘ldirilganlarning otashkuraklarini yong‘in orasidan yig‘ishtirib olsin. Otashkuraklardagi cho‘g‘larni bir chetga chiqarib tashlasin, chunki otashkuraklar muqaddasdir. Bu otashkuraklar Menga nazr qilish uchun foydalanilganda, muqaddas bo‘lgan. Bu otashkuraklarni yoyib, qurbongohni qoplash uchun tunuka qilinglar. Bular Isroil xalqini ogohlantiruvchi bir belgi bo‘ladi. *** Ruhoniy Elazar kuyib o‘lganlarning tutatqi tutatgan bronza otashkuraklarini yig‘ishtirib oldi. Ular otashkuraklarni yoyib, qurbongohni qoplash uchun tunuka holiga keltirishdi. Horunning naslidan bo‘lmagan birorta odam Egamizning oldida tutatqi tutatib, Ko‘rax va uning sheriklari kabi halok bo‘lmasligi uchun, bular Isroil xalqini ogohlantirib turar edi. Shunday qilib, Egamizning Muso orqali bergan ko‘rsatmalari amalga oshirildi. Ertasiga jamiki Isroil jamoasi Muso bilan Horundan norozi bo‘lib: “Egamizning xalqini sizlar o‘ldirdingizlar”, deb ming‘irlay boshladi. Jamoa ularga qarshi yig‘ilgan paytda Muso bilan Horun Uchrashuv chodiri tomon burilib qarashsa, chodirni bulut qoplab olgan, Egamiz ulug‘vorligini zohir qilgan ekan. Ular Uchrashuv chodirining old tomoniga borib turishganda, Egamiz Musoga dedi: — Bu jamoadan nari tur, Men ularni hozirning o‘zidayoq yo‘q qilib yuboraman. Ammo Muso bilan Horun yerga muk tushdi. Muso Horunga dedi: — Qani, bo‘l, otashkuragingni ol! Qurbongohdan otashkurakka cho‘g‘ solib, ustiga tutatqi tashla–da, tezroq jamoaning oldiga bor. Ularni gunohlaridan pokla. Egamiz g‘azabini sochdi, odamlar o‘latdan nobud bo‘lyapti. Horun Muso buyurganday qilib, jamoaning orasiga yugurib bordi. Odamlar haqiqatan ham o‘latdan nobud bo‘lishayotgan edi. Horun tutatqi tutatib, Isroil xalqini gunohlaridan pokladi. U tiriklar bilan marhumlarning o‘rtasiga turgan edi, o‘lat to‘xtadi. Lekin o‘latdan 14.700 kishi nobud bo‘lgan edi. Ko‘raxning qilmishi tufayli o‘lganlar bu hisobga kirmasdi. O‘lat to‘xtagandan keyin Horun Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan Musoning yoniga qaytib keldi. Shundan keyin Egamiz Musoga dedi: — Isroil xalqiga ayt, ular har bir qabila yo‘lboshchisining tayog‘ini olib kelishsin. Hammasi bo‘lib o‘n ikkita tayoq bo‘lsin. Har bir qabila yo‘lboshchisining ismini o‘z tayog‘iga yozib qo‘yinglar. Levi qabilasining tayog‘iga Horunning ismini yozinglar, har bir qabila yo‘lboshchisidan bittadan tayoq bo‘lishi lozim. Sen tayoqlarni Uchrashuv chodiriga olib kirib, Men sen bilan uchrashadigan joyga — ahd sandig‘i oldiga qo‘y. Men tanlagan odamning tayog‘i kurtak chiqaradi. Shunday qilib, senga qarshilik qilayotgan Isroil xalqining ming‘irlab nolishlariga Men chek qo‘yaman. Muso Isroil xalqiga Egamizning gaplarini aytdi. Yo‘lboshchilar har bir qabila nomidan bittadan tayoqni berishdi, hammasi bo‘lib o‘n ikkita tayoq bo‘ldi. Horunning tayog‘i ham o‘sha tayoqlar orasida edi. Muso tayoqlarni Muqaddas ahd chodiriga — Egamizning oldiga qo‘ydi. Ertasi kuni Muso Muqaddas ahd chodiriga kirib qarasa, Horunning Levi qabilasini ifoda etgan tayog‘i kurtak yozibdi, ko‘karib, gullabdi, hatto bodom tugibdi. Muso Egamizning huzuridagi hamma tayoqlarni Isroil xalqi oldiga olib chiqib ko‘rsatdi. Har bir yo‘lboshchi o‘z tayog‘ini oldi. Egamiz Musoga shunday amr berdi: — Horunning tayog‘ini ahd sandig‘i oldiga qaytarib olib borib qo‘y. Tayoq doimo o‘sha yerda saqlanib, isyonchilarni ogoh qilib tursin. Shunday qilib, sen ularning ming‘irlab nolishlariga chek qo‘yib, ularning qirilib ketishiga yo‘l qo‘ymaysan. Egamiz qanday amr etgan bo‘lsa, Muso hammasini bajardi. Isroil xalqi esa Musoga faryod qildi: — Sho‘rimiz quridi! Kunimiz bitdi! Egamizning Muqaddas chodiriga yaqin borganlar nobud bo‘lishadi. Biz hammamiz qirilib ketamiz! Egamiz Horunga dedi: “Sen, o‘g‘illaring va butun Levi qabilasi Muqaddas chodirga nisbatan qilingan har qanday ayb uchun javobgar bo‘lasizlar. Ruhoniylik xizmatida yo‘l qo‘yilgan ayblar uchun esa faqatgina sen va o‘g‘illaring javobgar bo‘lasizlar. Qabiladosh levi birodarlaringni yoningga ol. Sen o‘g‘illaring bilan Muqaddas ahd chodirida xizmat qilayotganingda ular sizlarga yordam berishadi. Levilar sizlarning nazoratingiz ostida xizmat qilib, Muqaddas chodirga oid barcha yumushlarni bajarishadi. Lekin ular muqaddas jihozlarga va qurbongohga zinhor yaqinlashmasinlar, aks holda ular ham, sizlar ham halok bo‘lasizlar. Levilar sizlarga qo‘shilishib, Uchrashuv chodiridagi barcha vazifalarni bajarishsin. Levilardan boshqa birortasi sizlar bilan birga xizmat qilmasin. Mening g‘azabim Isroil xalqiga qarshi yana avj olmasligi uchun, chodirning Muqaddas xonalarida va qurbongohda faqatgina sen o‘g‘illaring bilan xizmat qilgin. Levi birodarlaringni Men O‘zim senga yordamchi qilib, Isroil xalqi orasidan tanlab olganman. Ular Uchrashuv chodirida xizmat qilishlari uchun Men, Egangizga, bag‘ishlangan. Shunday bo‘lsa–da, qurbongoh va ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xona bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ruhoniylik xizmatini faqat sen o‘g‘illaring bilan bajar. Ruhoniylikni Men sizlarga hadya qilib berdim. Muqaddas buyumlar oldiga kelgan boshqa har qanday odamning jazosi o‘limdir.” Egamiz yana Horunga dedi: “Isroil xalqi Menga olib kelgan hamma muqaddas nazrlarni nazorat qilishni senga topshirdim. Bu nazrlarni senga va o‘g‘illaringga doimiy ulush qilib berdim. Isroil xalqi Menga beradigan eng muqaddas nazrlarning, ya’ni don nazri, gunoh qurbonligi va ayb qurbonliklarining kuydirilmaydigan qismi sen bilan o‘g‘illaringga tegishlidir. Bularni muqaddas joyda tanovul qilinglar. Bu nazrlarni faqat erkaklar tanovul qilishlari mumkin. Bu nazrlarni g‘oyat muqaddas deb bilinglar. Qurbongoh oldida Isroil xalqi yuqoriga ko‘tarib, Menga bergan boshqa hamma nazrlar ham sen bilan o‘g‘il–qizlaringning doimiy ulushidir. Xonadoningdagi har bir pok odam bu nazrlarni tanovul qilishi mumkin. Odamlar Men, Egangizga, nazr qilgan ilk hosilning eng sifatli zaytun moyini, sharobini va donini ham Men sizlarga berdim. Menga nazr qilingan butun yurtning ilk hosili sizlarniki bo‘ladi. Xonadoningizdagi har bir pok odam bu nazrlarni tanovul qilishi mumkin. Isroilda Menga tamomila bag‘ishlangan har bir narsa sizlarniki bo‘ladi. Isroil xalqi Menga nazr qilgan har bir to‘ng‘ich o‘g‘il va hayvonlarining birinchi erkak bolasi ham sizlarnikidir. Lekin sizlar ularning har bir to‘ng‘ich o‘g‘li evaziga hamda harom hayvonning birinchi erkak bolasi evaziga ulardan kumush olishlaringiz shart. Har bir to‘ng‘ich o‘g‘il bir oylik bo‘lganda, ularning evaziga besh bo‘lakdan kumush olinglar. Har bir kumush bo‘lakning og‘irligi 2,5 misqol bo‘lsin. Lekin sigirning, qo‘yning va echkining birinchi bolasi evaziga hech qanday to‘lov olma. Bu jonivorlar faqat Menga tegishlidir. Ularning qonini qurbongohga sep, yog‘ini esa Men, Egangizga, yoqimli hid kelishi uchun olovda kuydir. Qo‘chqorning yuqoriga ko‘tarilgan to‘shi va o‘ng soni seniki bo‘lgani kabi, bu jonivorlarning go‘shti ham seniki bo‘ladi. Isroil xalqi Menga keltiradigan ehsonlarning hammasini Men senga va o‘g‘il–qizlaringga doimiy ulush qilib beraman. Bu sen va sening nasling bilan Mening o‘rtamdagi qat’iy ahddir.” So‘ng Egamiz Horunga yana dedi: “Sizlar Isroil yurtida ulush olmaysizlar, xalqingiz orasida sizlarga bir bo‘lak yer ham berilmaydi. Zotan, Isroil xalqi orasidagi ulushingiz ham, mulkingiz ham Menman. Levilarning Uchrashuv chodirida qilgan xizmatiga yarasha Men ularga Isroil yurtidagi hamma ushrlarni xizmat haqi qilib beraman. Bundan buyon Isroil xalqi Uchrashuv chodiriga yaqin kelmasin. Aks holda ular qilgan gunohi uchun jazo tortib o‘ladilar. Levilar esa Uchrashuv chodirida xizmat qilib, chodirga nisbatan qilingan har qanday ayb uchun javobgar bo‘lishadi. Bu avlodlaringiz osha abadiy qonun–qoida bo‘lsin. Levilar Isroil xalqi orasida yerni ulush qilib olishmaydi. Buning o‘rniga, Men ularga Isroil xalqining Menga nazr qilgan barcha ushrlarini beraman. Shu sababli Men, levilar Isroil xalqi orasida ulush olmaydi, deb aytgan edim.” Egamiz yana Musoga dedi: — Levilarga Mening shu gapimni yetkaz: “Egamiz Isroil xalqining ushrini sizlarga ulush qilib bergan. Sizlar ushrni olganingizda, shu ushrning o‘ndan bir qismini Egamizga nazr qilib beringlar. Egamiz bu nazringizni don bilan sharobning ilk hosili o‘rnida qabul qilib oladi. Demak, sizlar Isroil xalqidan oladigan jamiki ushringizning o‘ndan bir qismini Egamizga nazr qilishingiz shart. O‘sha nazrni ruhoniy Horunga beringlar. Isroil xalqidan qabul qilgan ushrning faqatgina eng sifatlisini Egamizga nazr qilinglar. Isroil xalqi Egamizga don bilan sharob nazrlarini keltirgandan keyin hosilning qolganini o‘zlariga qoldiradilar. Shu singari, sizlar ham ushrlarning eng sifatlisini Egamizga bag‘ishlaganingizdan keyin, qolganini o‘zingizga qoldiringlar. Qolganini o‘zingiz oilangiz bilan har qanday joyda yeb–ichishingiz mumkin. Bular Uchrashuv chodirida qilgan xizmatingiz uchun to‘lovdir. Egamizga ushrning eng sifatlisini bag‘ishlaganingizdan keyingina ushrning qolganini yeyishingiz mumkin, shunda sizlar aybdor hisoblanmaysizlar. Shunday yo‘l tutsangiz, Isroil xalqining muqaddas hadyalarini bulg‘amagan bo‘lasizlar, o‘zlaringiz nobud bo‘lmaysizlar.” [1-2] Muso bilan Horun orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunni berdi: sizlar bizga bitta nuqsonsiz malla g‘unajinni olib kelinglar. G‘unajinga bo‘yinturuq urilmagan bo‘lsin. *** Malla g‘unajinni ruhoniy Elazarga beringlar. So‘ng g‘unajinni qarorgohdan tashqariga olib chiqib, Elazarning oldida so‘yinglar. Ruhoniy Elazar g‘unajinning qoniga barmog‘ini botirib, qonni Uchrashuv chodirining oldi tomoniga qarata yetti marta sepsin. So‘ng jonivor butunligicha — terisi, go‘shti, qoni, ichak–chovoqlari bilan birga Elazarning ko‘zi oldida kuydirilsin. Ruhoniy sadr yog‘ochini, issop o‘tining bir tutamini va qirmizi ipni olib, yonayotgan g‘unajin ustiga tashlasin. So‘ng ruhoniy yuvinib, kiyimlarini ham yuvsin. Shundan keyingina u qarorgohga qaytib kirishi mumkin. Lekin ruhoniy kechgacha harom bo‘ladi. G‘unajinni yoqqan odam ham yuvinib, kiyimlarini yuvsin. U ham kechgacha harom bo‘ladi. Keyin birorta pok odam g‘unajinning kulini yig‘ishtirib, qarorgoh tashqarisidagi toza joyga olib borib qo‘ysin. Isroil xalqi bu kulni poklanish suviga solib ishlatish uchun saqlasin. Bu kul odamlarni gunohlardan poklash marosimida ishlatiladi. G‘unajinning kulini yig‘ishtirgan odam ham kiyimlarini yuvsin, u ham kechgacha harom bo‘ladi. Bu — Isroil xalqi uchun ham, ularning orasida yashayotgan musofirlar uchun ham doimiy qonun–qoida. Har qanday kishining murdasiga tekkan odam yetti kun harom bo‘ladi. Murdaga tekkan odam poklanish suvi bilan uchinchi va yettinchi kuni o‘zini poklasin. Shunda u pok bo‘ladi. O‘sha odam uchinchi va yettinchi kuni o‘zini poklamasa, harom bo‘lib qolaveradi. Murdaga tegib, o‘zini poklamagan odam Egamizning Muqaddas chodirini bulg‘agan bo‘ladi. Poklanish suvi o‘sha odamning ustiga sepilmagani uchun u haromligicha qoladi. Bunday odam Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinsin. Agar odam chodirda vafot etsa, quyidagi qoidaga rioya qilinglar: o‘sha paytda chodirda bo‘lgan va chodirga kirgan hamma odamlar yetti kun harom bo‘lishadi. Chodirdagi qopqog‘i yopilmagan, usti ochiq har qanday idish ham harom bo‘ladi. Agar birorta odam ochiq maydonda o‘ldirilgan yoki o‘z ajali bilan o‘lgan kimsaning jasadiga, marhumning suyagiga yoki qabriga tegsa, u yetti kun harom bo‘ladi. Harom bo‘lgan odam uchun gunohdan poklash maqsadida kuydirilgan malla g‘unajinning kulidan olib idishga solinglar, so‘ng kulning ustiga oqar suvdan quyinglar. Pok odam issopni olib, suvga botirsin–da, suvni chodirga, chodirdagi hamma jihozlarga, chodirdagi odamlarga sepsin. Odamning suyagiga, marhumga, o‘ldirilgan kimsaning jasadiga yoki qabrga tekkan odamning ustiga ham o‘sha suvdan sepsin. Uchinchi va yettinchi kunlari pok odam harom odamga suvdan sepib, yettinchi kuni uni poklasin. Poklangan odam yuvinib, kiyimlarini yuvsin. Ana shunda kechqurunga borib u pok bo‘ladi. Harom bo‘la turib o‘zini poklamagan har qanday odam Isroil jamoasi orasidan yo‘q qilinsin. Chunki poklanish suvi sepilmagan o‘sha odam haromligicha qolib, Egamizning Muqaddas chodirini bulg‘agan bo‘ladi. Bu — sizlar uchun doimiy qonun–qoida. Poklanish suvini sepgan odam kiyimlarini yuvsin. Poklanish suviga tekkan har qanday odam kechgacha harom bo‘lib qoladi. Harom odam tekkan har qanday narsa haromdir. Harom odamga tekkan odam ham kechgacha harom bo‘ladi. Birinchi oyda butun Isroil jamoasi Zin cho‘liga yetib keldi va Kadeshda o‘rnashdi. Maryam o‘sha yerda vafot etib, dafn qilindi. U yerda jamoa uchun ichishga suv yo‘q edi. Shu sababli xalq Muso bilan Horunga qarshi yig‘ilib, Musoga ta’na qila boshlashdi: — Biz ham qarindoshlarimiz bilan birga Egamiz oldida qirilib ketsak bo‘lmasmidi–ya! Nimaga sizlar Egamizning jamoasini mana shu sahroga olib keldingizlar? Biz mol–holimiz bilan birga qirilib ketishimiz uchunmi?! Nimaga bizni Misrdan olib chiqib, mana shu kasofat joyga olib keldingizlar o‘zi? Bu yerda ekin ekib bo‘lmasa, birorta anjir daraxti, uzum yoki anorlar bo‘lmasa. Bu yerda hatto ichishga suv ham topib bo‘lmaydi–ku! Muso bilan Horun jamoa oldidan ketishdi. Ular Uchrashuv chodiri kiraverishiga borib, muk tushishdi. Shunda Egamiz ulug‘vorligini ularga zohir qildi. Egamiz Musoga dedi: — Tayog‘ingni ol. Akang Horun bilan birgalikda jamoani yig‘inglar. So‘ng jamoaning ko‘zi oldida qoyaga buyruq beringlar. Shunda qoyadan suv chiqadi. Shu yo‘sinda sizlar qoyadan suv chiqarib, jamoaga ham, ularning mollariga ham suv berasizlar. Muso Egamizning aytganini qilib, Egamiz huzuridagi tayoqni oldi. So‘ng Muso bilan Horun jamoani qoya yoniga yig‘ishdi. Muso ularga: — Quloq solinglar, ey, isyonchilar! Mana shu qoyadan biz sizlarga suv chiqarib berishimiz kerakmi? — dedi. Muso qo‘lini ko‘tarib, qoyaga tayog‘i bilan ikki marta urgan edi, qoyadan sharillab suv oqdi. Jamoaning o‘zi ham, ularning mollari ham suv ichdi. Shunda Egamiz Muso bilan Horunga dedi: — Menga yetarlicha inonmaganingiz uchun, Isroil xalqiga Mening muqaddasligimni namoyon qilmaganingiz uchun, bu jamoani Men ularga beradigan yurtga sizlar boshlab kirmaysiz. Isroil xalqi bu yerda Egamizdan noligani uchun bu joy Mariva, deb nom oldi. O‘sha joyda Egamiz Isroil xalqiga O‘zining muqaddasligini namoyon qildi. Muso Kadeshdan Edom shohiga choparlar orqali quyidagi mazmunda bir xabar jo‘natdi: “Biz, Isroil xalqi, sizning jigaringizmiz. Bizning boshimizga tushgan kulfatlardan sizlar xabardorsiz. Bizning otalarimiz Misrga ko‘chib borgan edilar. Biz Misrda uzoq vaqt yashadik. Misrliklar otalarimizga ham, bizga ham zulm o‘tkazishdi. Keyin biz Egamizga yolvorib iltijo qilgan edik, U bizning iltijoimizni eshitdi. U farishtasini jo‘natib, bizni Misrdan olib chiqdi. Mana endi biz Kadeshda — yurtingiz chegarasidagi shaharda turibmiz. Bizga yurtingiz orqali o‘tib ketishga ijozat bersangiz. Biz ekinzorlaringiz va uzumzorlaringizga kirmaymiz, quduqlaringiz suvidan ichmaymiz. Sizning yurtingizdan o‘tib ketgunimizcha, faqat Shoh yo‘lidan yuramiz, yo‘ldan o‘ngga ham, chapga ham chiqmaymiz.” Lekin Edom shohi Musoga: “Mening yurtimdan o‘ta ko‘rma, aks holda ustingga qilich yalang‘ochlab bostirib boraman”, — deb javob yubordi. Isroil xalqi esa Edom shohidan iltimos qildi: “Biz katta yo‘ldan ketamiz. Agar suvingizdan o‘zimiz yoki mollarimiz ichsa, haqini to‘laymiz. Biz bor–yo‘g‘i yurtingizdan o‘tib ketmoqchimiz, xolos.” Lekin Edom shohi: “O‘tmaysizlar!” — deb turib oldi. U Isroil xalqiga qarshi tish–tirnog‘igacha qurollangan katta lashkarini boshlab chiqdi. Xullas, Edom shohi Isroil xalqiga o‘z yurtidan o‘tib ketishga ijozat bermadi. Isroil xalqi Edom yurtini chetlab o‘tib ketdi. Butun Isroil jamoasi Kadeshdan jo‘nab, Xo‘r tog‘iga yetib keldi. Egamiz Muso bilan Horunga Xo‘r tog‘ida — Edom yurti chegarasida shunday dedi: — Horunning bu olamdan ko‘z yumadigan vaqti keldi. Men Isroil xalqiga beradigan yurtga u kirmaydi. Chunki sizlar ikkovingiz Mariva suvlari yonida Mening amrimga qarshi chiqdingizlar. Endi sen Horun bilan uning o‘g‘li Elazarni Xo‘r tog‘iga boshlab chiq. Horunning ustidan ruhoniylik kiyimlarini yechib olib, o‘g‘li Elazarga kiygiz. Horun o‘sha yerda vafot etadi. Muso Egamiz amr berganday qildi. Uchalovi Xo‘r tog‘iga chiqishdi, butun jamoa buni ko‘rib turdi. Muso Horunning ustidan kiyimlarini yechib olib, uning o‘g‘li Elazarga kiygizdi. Horun o‘sha yerda — tog‘ tepasida vafot etdi. Shundan so‘ng Muso bilan Elazar tog‘dan qaytib tushishdi. Butun jamoa Horunning vafot etganini bildi. Jamiki Isroil xalqi Horun uchun o‘ttiz kun aza tutdi. Nagav cho‘lida istiqomat qilayotgan Arod shohi: “ Isroil xalqi Otorim yo‘lidan kelyapti ekan”, degan xabarni eshitib jangga otlandi. Kan’on naslidan bo‘lgan bu shoh Isroil xalqi bilan jang qilib, ulardan bir nechtasini asir oldi. Bu voqeadan so‘ng Isroil xalqi Egamizga qasam ichib, shunday dedi: — Ey, Egamiz! Agar Sen shu xalqni bizning qo‘limizga bersang, ularning hamma shaharlarini butunlay vayron qilamiz. Egamiz Isroil xalqining iltijosini eshitib, Kan’on xalqini ularning qo‘liga berdi. Ular Kan’onliklarning o‘zlarini qirib tashlab, shaharlarini butunlay vayron qilishdi. Shuning uchun bu joyga Xo‘rmax, deb nom berildi. Isroil xalqi Xo‘r tog‘ini tark etib, Edom yerlarini chetlab o‘tish uchun Qizil dengizga boradigan yo‘ldan ketdi. Lekin xalq yo‘lda ketayotib, yana sabrsizlik qildi. Ular ming‘irlab Xudodan va Musodan noliy boshladilar: — Nimaga bizni Misrdan olib chiqdingizlar? Sahroda o‘lib ketishimiz uchunmi?! Bu yerda na non bor, na suv. Mana bu bo‘lmag‘ur manna me’damizga tegib ketdi–ku! Shu voqeadan keyin Egamiz xalq orasiga zaharli ilonlarni jo‘natdi, ilonlar Isroil xalqining ko‘pchiligini chaqib o‘ldirdi. Oxiri xalq Musoning oldiga kelib: — Biz Egamizga ham, senga ham qarshi gapirib gunoh qildik, — dedi, — Egamizga iltijo qil, U bizning oramizdan ilonlarni daf qilsin. Muso xalq uchun Egamizga iltijo qildi. Shunda Egamiz Musoga dedi: — Ilon yasab, uni xodaga mahkamlab qo‘y. Ilon chaqqan odam o‘shanga qarab tirik qoladi. Muso bronzadan ilonni yasab, uni xodaga mahkamlab qo‘ydi. Ilon chaqqan odam bronzadan yasalgan ilonga qaraganda, o‘lmasdan tirik qolardi. Isroil xalqi safarini davom ettirib, Obo‘tda qarorgoh qurdi. So‘ng ular Obo‘tdan ham ketib Ivay–Aborimga qo‘nishdi. Ivay–Aborim Mo‘ab yurtining sharqidagi sahroda joylashgan edi. U yerdan ham ketib, Zarad soyligida to‘xtashdi. So‘ng yana yo‘lga chiqib, Arnon soyligining shimoliy qirg‘og‘iga — Amor yurtining chegarasiga tutash bo‘lgan sahroga joylashishdi. Arnon soyligi Amor va Mo‘ab yurtlarining o‘rtasida chegara edi. Shu sababdan “Egamizning jangnomasi” kitobida Sufa yerlaridagi Vohib shahri va soyliklar eslanadi. Shuningdek, Arnon soyligi va Mo‘ab chegarasidagi Or shahrigacha cho‘zilgan daryoning irmoqlari eslanadi. Isroil xalqi u yerdan chiqib, Ber degan joydagi quduqqa yo‘l oldi. O‘sha quduq yonida Egamiz Musoga: “Xalqni yig‘, Men ularga suv beraman”, dedi. O‘shanda Isroil xalqi shu qo‘shiqni kuyladi: “To‘lib–tosh, ey, quduq, Quduq haqida kuylang! Yo‘lboshchilar qazigandi bu quduqni, Asilzodalar kovlagandi bu quduqni Saltanat hassalari ila, Saltanat tamg‘alari ila.” So‘ng ular sahrodan Mattono shahriga yo‘l oldilar. Mattonodan esa Nahaliyolga, Nahaliyoldan Bomo‘tga, Bomo‘tdan Mo‘ab yerlaridagi vodiyga borishdi. Fisgax tog‘ tizmasi yonidagi bu vodiydan sahroning manzarasi ochilardi. Keyin Isroil xalqi Amor xalqining shohi Sixo‘nga shu gapni aytish uchun choparlar jo‘natdi: “Bizga yurtingiz orqali o‘tib ketishga ijozat bersangiz. Biz ekinzorlaringizga, uzumzorlaringizga kirmaymiz, quduqlaringiz suvidan ichmaymiz. Sizning yurtingizdan o‘tib ketguncha, faqat Shoh yo‘lidan yuramiz.” Lekin Sixo‘n Isroil xalqiga o‘z yurtidan o‘tib ketishga ijozat bermadi. U jamiki lashkarini yig‘ib, sahrodagi Yaxaz shahri yonida Isroil xalqiga hujum qildi. Jangda Isroil xalqi Sixo‘nni mag‘lub etdi va Arnon soyligidan tortib Yavoq daryosigacha bo‘lgan hamma yerlarini egallab oldi. Lekin Ommon xalqining chegarasidan u yog‘iga o‘tmadi, chunki Ommon yurtining chegarasi mustahkam edi. Isroil xalqi Amor xalqining hamma shaharlarini, xususan, Xashbon shahri va uning atrofidagi qishloqlarni bosib olib, o‘sha shaharlarda o‘rnashib oldi. Xashbon shahri shoh Sixo‘nning poytaxti edi. Sixo‘n Mo‘abning oldingi shohi bilan jang qilib, uning Arnon soyligigacha bo‘lgan hamma yerlarini bosib olgan edi. Shuning uchun dostonchilar aytishardi: “Xashbonga kelinglar, qayta quringlar uni, Mustahkam etinglar Sixo‘n shahrini. Olov chiqib ketdi–ku Xashbon shahridan, Alanga chiqdi shoh Sixo‘nning shahridan. Yong‘in yakson qildi Mo‘abdagi Or shahrini, Yo‘q qildi Arnon qirlari shohlarini. Holingga voy, ey, Mo‘ab xalqi! Tamom bo‘ldingiz, Xamo‘sh ixlosmandlari! Xamo‘sh qochqin qildi o‘g‘illaringizni, Amor xalqining shohi Sixo‘nga asir qildi Sizning qiz–juvonlaringizni. Qirib tashladik biz ularni, Xashbondan Dibonga qadar yo‘q qildik hammasini. No‘faxdan Midavoga qadar vayron qildik ularni.” Shunday qilib, Isroil xalqi Amor xalqining yurtida o‘rnashib oldi. Muso Yazir shahriga ayg‘oqchilar jo‘natdi. Isroil xalqi Yazir va uning atrofidagi qishloqlarni bosib olib, u yerda istiqomat qilayotgan Amor xalqini haydab chiqardi. So‘ng ular Bashanga yo‘l olishdi. Bashan shohi O‘g esa Isroil xalqiga qarshilik ko‘rsatish uchun jamiki lashkarini Edrey shahriga tortib bordi. Shunda Egamiz Musoga dedi: — Qo‘rqma undan, Men O‘gni butun yurti va xalqi bilan birga sening qo‘lingga beraman. Sen O‘gning boshiga Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nning kunini solasan. Isroil xalqi O‘gni, uning o‘g‘illarini, butun xalqini bitta qoldirmay qirib tashladi. So‘ng ular O‘gning yurtini qo‘lga kiritishdi. Isroil xalqi yo‘lda davom etdi. Mo‘ab tekisliklariga yetib kelib, Yerixo shahrining ro‘parasida — Iordan daryosining sharqida qarorgoh qurdi. Isroil xalqi Amor xalqini qanday ahvolga solgani haqidagi xabar Mo‘ab shohi Zippur o‘g‘li Boloqqa ham yetib borgan edi. Isroil xalqi ko‘pligidan butun Mo‘ab xalqi qattiq vahimaga tushgandi. Mo‘ab oqsoqollari Midiyon oqsoqollariga: — Ho‘kiz daladagi o‘tlarni yeb bitirgani singari, anavi olomon ham tevarak–atrofimizdagi hamma narsani yeb bitiradi–ku! — dedi. O‘sha davrda Mo‘abda hukmronlik qilayotgan Zippur o‘g‘li Boloq, Bavo‘r o‘g‘li Balomni chaqiray, deb uning oldiga choparlar jo‘natdi. Balom o‘z ona yurti, Furot daryosi qirg‘og‘idagi Pato‘r shahrida istiqomat qilar edi. Boloq Balomga shunday deb da’vat qildi: “Misrdan chiqqan bir xalq yer yuzini bosib ketdi. Endi esa ular shundoqqina mening biqinimda o‘rnashib olishdi. Men ularga bas kela olmayman. Sen kelib, o‘sha xalqni men uchun la’natla. Balki shunda men Isroil xalqini mag‘lub qilib, yurtimdan quvib chiqara olarman. Shuni bilamanki, sen kimni duo qilsang, o‘sha duo oladi, kimni la’natlasang, o‘sha la’nati bo‘ladi.” Shunday qilib, Mo‘ab va Midiyon oqsoqollari Balomning oldiga ketar ekanlar, unga to‘lanadigan la’nat haqini ham o‘zlari bilan olib ketdilar. Ular Balomning huzuriga kelishgach, unga Boloqning gaplarini aytishdi. — Shu yerda tunab qolinglar, — dedi Balom oqsoqollarga. — Egamizning bergan javobini men ertaga sizlarga aytaman. Mo‘ab oqsoqollari Balomnikida qolishdi. Xudo Balomning oldiga kelib, undan: — Uyingdagi odamlar kim? — deb so‘radi. Balom Xudoga shunday javob berdi: — Mo‘ab shohi Zippur o‘g‘li Boloq menga quyidagicha xabar yuboribdi: “Misrdan chiqqan bir xalq yer yuzini bosib ketdi, bu yoqqa kel, o‘sha xalqni men uchun la’natla, balki o‘shandagina men u xalqqa zarba berib, o‘z yurtimdan quvib chiqara olarman.” — Ular bilan borma! — dedi Xudo Balomga. — U xalqni zinhor la’natlay ko‘rma, chunki u xalqqa Men baraka berganman. Balom ertalab turib: — Yurtingizga qaytib ketaveringlar, Egamiz sizlar bilan ketishimga ijozat bermadi, — dedi Boloqning a’yonlariga. Mo‘ab a’yonlari Boloq oldiga qaytib borib: “Balom bizlar bilan kelishga rozi bo‘lmadi”, — deyishdi. Boloq esa oldingidan ham ko‘proq va obro‘liroq a’yonlarini yubordi. Ular Balomning oldiga kelib, shunday deyishdi: — Zippur o‘g‘li Boloq shunday demoqda: “Balom qanday qilib bo‘lsa ham huzurimga kelsin, men uni yaxshilab taqdirlayman, nima istasa muhayyo qilaman. Faqat kelib, o‘sha xalqni men uchun la’natlasin.” Balom esa Boloqning a’yonlariga shunday javob berdi: — Boloq menga saroyidagi hamma oltinu kumushini bersa ham, men Egam Xudoning amridan chetga chiqa olmayman. Hatto kichik masalada ham o‘z ixtiyorim bilan ish tuta olmayman. Yaxshisi, sizlar, oldingilar kabi, bu kecha shu yerda tunab qolinglar. Egamiz yana nima der ekan, men bilay–chi. Shu kecha Xudo Balom oldiga kelib, unga dedi: — Agar bu odamlar seni o‘zlari bilan olib ketgani kelgan bo‘lsalar, otlangin–u, ular bilan birga ket. Lekin sen faqat Mening aytganimni qilasan. Balom ertalab turdi. Eshagini egarlab, Mo‘ab a’yonlari bilan birga jo‘nadi. Balom ketganda, Xudo qattiq g‘azablandi. Egamizning farishtasi Balomga qarshilik ko‘rsatish uchun uning yo‘lini to‘sib oldi. Balom eshagini minib, yonidagi ikkita xizmatkori bilan yo‘lda ketayotgan edi. Birdaniga eshak yo‘l ustida qilich yalang‘ochlab turgan Egamizning farishtasini ko‘rib qoldi–da, yo‘lidan burilib, dala ichiga kirib ketdi. Balom esa eshakni yo‘lga solish uchun savalay boshladi. Egamizning farishtasi endi uzumzorlar orasidan o‘tgan tor so‘qmoqda turib oldi. Yo‘lning ikkala tomoni ham devor edi. Eshak Egamizning farishtasini ko‘rdi–yu, devorga qapishib, Balomning oyog‘ini qisib qo‘ydi. Balom yana eshakni ura boshladi. Egamizning farishtasi yana oldinga o‘tib, tor joyga turib oldi. Endi eshak o‘ngga ham, chapga ham burilib keta olmas edi. Eshak Egamizning farishtasini ko‘rgach, yotib oldi. Balom esa bundan qattiq g‘azablanib, eshakni tayog‘i bilan savalay boshladi. Shu payt Egamizning qudrati bilan eshak tilga kirib: — Men senga nima qildim? Nimaga sen meni uch marta urding? — dedi Balomga. — Sen meni ahmoq qilding! — deb do‘q qildi Balom. — Agar qo‘limda qilichim bo‘lganda edi, seni hoziroq chopib tashlagan bo‘lar edim. — Axir, sen meni ilgaridan minib yurasan–ku! Men sening o‘sha–o‘sha eshagingman. Oldin ham shunaqa qiliq qilganmidim?! — dedi eshak. — Yo‘q, — dedi Balom. Shu on Egamiz Balomning ko‘zini ochib yuborgan edi, u yo‘lda turgan Egamizning farishtasini ko‘rib qoldi. Farishta qo‘lida qilichini yalang‘ochlab turardi. Balom yerga muk tushdi. Egamizning farishtasi Balomga dedi: — Nimaga sen eshagingni uch marta urding? Tutgan yo‘ling Mening nazarimda egri bo‘lgani uchun, Men senga qarshilik ko‘rsatish maqsadida keldim. Eshaging esa meni ko‘rdi–yu, uch marta o‘zini chetga olib qochdi. Agar u mening oldimdan burilib ketmaganda edi, Men seni o‘ldirib, eshagingni tirik qoldirgan bo‘lardim. — Gunoh qildim, — dedi Balom Egamizning farishtasiga. — Sen yo‘limni to‘sib turganingni bilmabman. Agar men sening nazaringda noma’qul ish qilayotgan bo‘lsam, uyimga qaytib ketaman. — Shu odamlar bilan birga boraver. Lekin sen faqat Men aytgan gaplarimni gapirasan, — dedi Egamizning farishtasi. Shunday qilib, Balom Boloqning a’yonlari bilan birga ketaverdi. Boloq Balomning kelayotganini eshitdi–yu, uni kutib olish uchun Ir shahriga yetib keldi. Bu shahar Arnon soyligi bo‘yida, Mo‘ab yurtining chegarasida joylashgan edi. Boloq Balomga dedi: — Men sening oldingga bundan oldin ham odamlarimni yuborgan edim–ku! Nimaga o‘shanda kela qolmading? Yo meni, yetarli darajada taqdirlay olmaydi, deb o‘yladingmi? — Mana, endi keldim oldingga, — dedi Balom. — Xudo og‘zimga solgan so‘zlardan bo‘lak men nima ham ayta olar edim?! Balom Boloq bilan birga ketdi. Ular Xirat–Xuzo‘t shahriga kelishdi. Boloq mol va qo‘ylar so‘yib, qurbonlik qildi. Balomga va unga hamroh bo‘lib kelgan a’yonlarga ham qurbonlikdan ulashdi. Boloq keyingi kuni ertalab Balomni Bomo‘t– Baal tepaligiga olib chiqdi. Balom u yerdan turib Isroil xalqining bir qismini ko‘rdi. Balom Boloqqa dedi: — Shu yerda men uchun yettita qurbongoh qurib, yettita buqa va yettita qo‘chqorni tayyorlab qo‘y. Boloq Balom aytganday qildi. So‘ng ikkovlari har bir qurbongohda bittadan buqa va bittadan qo‘chqorni qurbonlik qilishdi. Keyin Balom Boloqqa dedi: — Sen kuydirilgan qurbonliklaring yonida qol, men esa borib ko‘ray, Egamiz menga peshvoz chiqarmikin. U menga nimani ayon qilsa, shuni senga aytaman. Balom tepalikka chiqdi. Xudo Balom bilan uchrashgach, Balom Xudoga dedi: — Men yettita qurbongoh qurdirib, har bir qurbongohda bittadan buqa va bittadan qo‘chqorni qurbonlik qildim. Egamiz Balomning og‘ziga so‘z solib: — Boloqning oldiga qaytib bor, unga Men aytgan so‘zlarimni yetkaz, — dedi. Balom Boloqning oldiga qaytib keldi. Boloq hamma Mo‘ab a’yonlari bilan birga kuydirilgan qurbonliklarning yonida turgan edi. Balom quyidagicha bashorat qildi: “Meni Mo‘ab shohi Boloq sharqiy tog‘lardan, Oramdan olib kelib, dedi: “Kel, men uchun Yoqub naslini la’natla, Kel, Isroil xalqini sen qarg‘a!” Xudo la’natlamaganni men qanday la’natlayin?! Egamiz qarg‘amaganni qanday qilib qarg‘ayin?! Qoyaning tepasida turib men ularni ko‘ryapman, Tepalikdan ularga qarab turibman, Yashaydi bu xalq hammadan alohida. O‘zgachadir ular xalqlar orasida. Qumday sanoqsiz bo‘lgan Yoqub naslini kim sanab chiqar?! Isroilning choragini kim hisoblab chiqa olar?! Men ham to‘g‘ri odam kabi olamdan o‘tay, Iloyim, bo‘lsin ularnikiday oxiratim baxayr.” — Sen nima qilyapsan o‘zi? — dedi Boloq Balomga. — Men seni, dushmanlarimni la’natlaydi, deb chaqirtirib kelgan edim, sen esa ularni duo qilyapsan–ku! — Men faqat Egamiz og‘zimga solgan so‘zni aytishim kerak–ku! — deb javob berdi Balom. — Kel, men bilan birga boshqa joyga bora qol, — dedi unga Boloq. — Sen o‘sha joydan Isroil xalqining bir qismini ko‘rasan. O‘sha joydan turib Isroilni men uchun la’natla. Boloq Balomni Fisgax tog‘ tizmasi tepasidagi Zo‘fim degan yassi joyga boshlab keldi. U yerda ham yettita qurbongoh qurib, har bir qurbongoh ustida bittadan buqa va bittadan qo‘chqorni qurbonlik qildi. So‘ng Balom Boloqqa dedi: — Sen shu yerda — kuydirilgan qurbonliklaring yonida qol, men esa hov anavi yerga borib, Egamiz bilan uchrashib kelaman. Egamiz Balomga peshvoz chiqib, uning og‘ziga so‘z soldi. So‘ng: — Boloqning oldiga qaytib bor, unga Men aytgan so‘zlarimni ayt, — dedi. Balom Boloqning oldiga qaytib keldi. Boloq Mo‘ab a’yonlari bilan birga kuydirilgan qurbonliklarning yonida turgan edi. — Egang nima dedi? — deb so‘radi undan Boloq. Balom quyidagicha bashorat qildi: “Menga qara, ey, Zippur o‘g‘li Boloq, Gaplarimni eshit, yaxshilab solgin quloq. Xudo inson emaski, U yolg‘on gapirsa, U odam emaski, fikrini o‘zgartirsa. U doim va’dasi ustidan chiqar! O‘z aytganlarin albatta bajarar! Xudo menga berdi duo so‘zlarini, O‘zgartira olmayman men Xudoning barakasini. Men Isroilning kelajagini ko‘ryapman, Yoqub nasli boshiga kulfat tushmas, Bu xalq biror ko‘rgilik ko‘rmas. Egasi Xudo ularning orasida, Shoh, deya olqishlar Uni hamma. Yovvoyi buqaning kuchi bilan Xudo ularni Misrdan olib chiqqan. Yoqub nasliga qarshi sehr–jodu yo‘q, Isroilga qarshi folbinlik yo‘q. Odamlar Yoqub nasli haqida, Isroil to‘g‘risida: “Qaranglar, Xudo nimalarni qilgan”, deb aytishar. Isroil xalqi sher kabi qo‘zg‘alar, Arslonday sakrab turar, O‘ljasini yeb bitirmaguncha, Qurbonlarning qoniga to‘ymaguncha yotmas.” Shundan so‘ng Boloq Balomga aytdi: — Isroil xalqini la’natlamagin ham, duo ham qilmagin! Lekin Balom Boloqqa: — Men sizga, faqat Egamizning aytganini qilaman, deb aytmaganmidim?! — dedi. — Yur, endi men seni boshqa joyga olib boraman, — dedi Boloq. — Balki shunda Xudo mamnun bo‘lib, o‘sha yerdan turib men uchun Isroilni la’natlashingga yo‘l qo‘yar. Boloq Balomni Piyor tog‘ining tepasiga boshlab olib chiqdi. Bu tog‘dan sahroning manzarasi ko‘rinib turardi. Balom Boloqqa dedi: — Shu yerda menga yettita qurbongoh qurib, yettita buqa bilan yettita qo‘chqorni tayyorlab qo‘y. Boloq Balom aytganday qilib, har bir qurbongohda bittadan buqa va bittadan qo‘chqorni qurbonlik qildi. Balom Isroilni duo qilayotgani Egamizga ma’qul kelganini ko‘rib, bu safar fol ochgani bormadi. U sahro tomon nazar tashlab, u yerda qabila–qabila bo‘lib qarorgoh qurgan Isroil xalqini ko‘rdi. Shunda Xudoning Ruhi Balomni qamrab oldi, Balom shunday bashorat qildi: “Bavo‘r o‘g‘li Balom gapiryapti, Ko‘zi ochiq inson so‘zlayapti. Xudoning kalomini eshitgan, Qodir Xudodan kelgan vahiyni ko‘rgan, Hushidan ayrilgan, lekin ko‘zlari katta ochiq odam aytyapti. Ey, Yoqub nasli! Chodirlaringiz qanday ajoyib! Ey, Isroil xalqi! Makoningiz qanday go‘zal! Chodiru makonlaringiz palmazor singari bepoyon, Bamisoli daryo bo‘yidagi bog‘–rog‘lardir, Egamiz o‘tqazgan aloega o‘xshar, Suv bo‘yidagi sadr daraxti kabidir. Ularning chelaklari suv bilan to‘lib–toshar, Ekkan urug‘lari miriqib suvga to‘yar. Isroil shohi O‘gaxdan ustun bo‘lar, Isroil shohligi g‘oyat yuksalar. Yovvoyi buqaning kuchi bilan Xudo Misrdan olib chiqqan ularni. Isroil xalqi yamlamay yutar g‘animlarini, Ularning suyaklarini maydalab tashlar, O‘qlar otib, ularni yakson etar. Ana, u urg‘ochi sherday egildi–da, yotdi. Uni turg‘izishga kim jur’at etar?! Seni duo qilganlar baraka topar, Seni la’natlaganlar la’nati bo‘lar!” Boloq Balomdan qattiq g‘azablanganidan kaftini kaftiga urib: — Men seni, g‘animlarimni la’natlagin, deb oldirib kelgan edim. Sen esa ularni uch marta duo qilding! — deb do‘q urdi. — Yo‘qol! Uyingga jo‘na! Men seni mukofotlamoqchi edim, lekin Egang seni mukofotdan mahrum qildi. Shunda Balom Boloqqa dedi: — Mening oldimga jo‘natgan choparlaringga: “Boloq menga saroyidagi hamma oltinu kumushini bersa ham, men Egamizning aytganidan chetga chiqa olmayman. O‘z ixtiyorim bilan biror yaxshi yoki yomon ish qilolmayman. Egamiz menga nima desa, shuni aytaman”, deb aytmaganmidim?! Endi men o‘z xalqim oldiga qaytib ketaman. Lekin ketishimdan oldin, Isroil xalqi kelajakda xalqing boshiga qanday kunlarni solishini senga aytib qo‘yay. Shundan so‘ng Balom quyidagicha bashorat qildi: “Bavo‘r o‘g‘li Balom gapiryapti, Ko‘zi ochiq inson so‘zlayapti. Xudoning kalomini eshitgan, Xudoyi Taolodan ilmu ma’rifat olgan, Qodir Xudoning vahiyini ko‘rgan, Hushidan ayrilgan, lekin ko‘zlari katta ochiq odam aytyapti. Uni ko‘ryapman–u, lekin shu topda yo‘q, Unga qarayapman–u, lekin u yaqin emas. Bir yulduz chiqar Yoqub naslidan, Saltanat hassasi Isroil xalqidan. Vayron qilar u Mo‘ab chegaralarini, Yakson etar Shet xalqining yerlarini. Edom o‘ljaga aylanar, Ha, Seir g‘animlarning mulki bo‘lar, Isroil xalqi esa zafarni quchar. Yoqub naslidan hukmdor chiqar, Ir xalqini tamom qirib tashlar.” So‘ng Balom Omolek xalqini ko‘rib, ular haqida shunday bashorat qildi: “Xalqlarning sardoridir Omoleklar, Lekin oxiri abadiy halokatga yo‘liqar ular.” Keyin u Xayin xalqini ko‘rib, ular haqida quyidagicha bashorat qildi: “Mustahkamdir sizning boshpanangiz, Tog‘ cho‘qqisida joylashgan sizning iningiz. Oshur xalqi sizni asir qilib olib ketajak, Shunda Xayin xalqi qirilib yo‘q bo‘lajak.” Balom yana bashoratini davom ettirdi: “Evoh! Xudo shu ishlarni amalga oshirgach, kim tirik qolar?! Kiprdan suzib kelar kemalar, Oshur va Ibir xalqlarini taslim etishar. Abadiy halokatga uchraydi ular.” Shundan keyin Balom yo‘lga chiqib, uyiga jo‘nadi. Boloq ham o‘z yo‘liga ketdi. Isroil xalqi Shitimda o‘rnashganda, Isroil erkaklari Mo‘ab ayollari bilan zino qila boshlashdi. Mo‘ab ayollari ularni o‘z xudolariga bag‘ishlangan qurbonlik ziyofatlariga taklif etishdi. Isroil xalqi ularning qurbonligidan tanovul qilib, xudolariga ham sajda etdi. Isroil xalqi Piyor tog‘idagi Baalga qattiq bog‘lanib qolgani uchun, Egamiz ulardan g‘azablandi. U Musoga shunday dedi: — Bu xalqning boshliqlarini ushla, ularni kuppa–kunduzi Men, Egangizning oldida qatl qil, jasadlarini esa tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqtir. Shunda Men Isroil xalqidan qahr–g‘azabimni qaytaraman. Muso Isroil hakamlariga: — Piyordagi Baalga sajda qilgan har bir odamingizni o‘ldiringlar, — deb buyruq berdi. Shu payt Isroil xalqidan bittasi Musoning va butun Isroil jamoasining ko‘zi oldida qarorgohga Midiyonlik bir ayolni boshlab kelib qoldi. Jamoa Uchrashuv chodiriga kiraverishda yig‘lab turgan edi. Ruhoniy Horunning nabirasi — Elazar o‘g‘li Finxaz buni ko‘rdi–yu, o‘rnidan turib, jamoa orasidan chiqib ketdi. U nayzasini olib, Isroil xalqidan bo‘lgan o‘sha odamning orqasidan chodirga kirdi–da, nayzasi bilan ikkovini ham o‘ldirdi. Finxazning sanchgan nayzasi o‘sha odamning badanini teshib o‘tib, ayolning qorniga kirgan edi. Shundan keyingina Isroil xalqi orasidagi o‘lat to‘xtadi. Lekin o‘latdan 24.000 odam o‘lib bo‘lgan edi. Shunda Egamiz Musoga: — Ruhoniy Horunning nabirasi — Elazar o‘g‘li Finxaz Mening qahr–g‘azabimni Isroil xalqidan qaytardi, — dedi. — Isroil xalqi orasida u Menga jon kuydirgani uchun, Men g‘azab ustida ularga qirg‘in keltirmadim. Sen unga ayt: Men Finxaz bilan alohida tinchlik ahdimni tuzaman. Bu ahdga muvofiq, Finxazning o‘zi va uning avlodi to abad ruhoniy bo‘lishadi, chunki u o‘z Xudosiga — Menga jon kuydirib, qilgan ishi bilan Isroil xalqidan Mening g‘azabimni qaytardi. Midiyonlik ayol bilan birga o‘ldirilgan Isroil odamining ismi Zimri bo‘lib, Shimo‘n qabilasining urug‘boshisi Soluning o‘g‘li edi. O‘ldirilgan ayolning ismi esa Xozbi edi, u Midiyonlikning urug‘boshisi Zurning qizi edi. Egamiz Musoga: — Midiyon xalqini dushman deb bilinglar, ularni qirib tashlanglar! — dedi. — Chunki ular sizlarga dushmanlik qilib, Piyordagi voqea orqali sizlarni yo‘ldan ozdirishdi. Bundan tashqari, Piyorda o‘lat hukmronlik qilgan kuni o‘lgan Midiyonlik yo‘lboshchining qizi Xozbi orqali sizlarni aldashdi. O‘latdan so‘ng Egamiz Muso bilan ruhoniy Horun o‘g‘li Elazarga dedi: “Jamiki Isroil xalqining urushga yaroqli bo‘lgan yigirma va undan yuqori yoshdagi hamma erkaklarini xonadoni bo‘yicha sanab chiqinglar.” Bu paytda Isroil xalqi Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahri ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida qarorgoh qurgan edi. Muso bilan ruhoniy Elazar xalqqa: “ Egamiz bizga amr qilganday yigirma yoshdan yuqori bo‘lgan erkaklarini sanab chiqinglar”, deb aytishdi. Misr yurtidan chiqqan jamiki Isroil xalqining ro‘yxati quyidagicha edi: Ruben Isroilning to‘ng‘ichidir. Ruben o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Xano‘xdan Xano‘x urug‘i, Palluvdan Palluv urug‘i, Xazrondan Xazron urug‘i, Karmidan Karmi urug‘i kelib chiqqan. Ruben urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 43.730 kishi chiqdi. Palluvning Eliyob degan o‘g‘li bor edi, Eliyobning esa Namuvol, Datan va Aburam degan o‘g‘illari bor edi. Ko‘raxning izdoshlari Egamizga qarshi isyon ko‘tarishganda, ularga qo‘shilishib Muso bilan Horunga qarshi bosh ko‘targan Datan va Aburam o‘shalardir. Ular Isroil yo‘lboshchilari edi. Yer yorilib, Ko‘rax bilan birga ularni ham yutib yuborgandi. O‘sha kuni alanga Ko‘raxning 250 ta izdoshini kuydirib yo‘q qilgandi. Mana shu voqea xalqqa ogohlantirish edi. Lekin Ko‘raxning o‘g‘illari o‘sha kuni omon qoldi. Shimo‘n o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Namuvoldan Namuvol urug‘i, Yomindan Yomin urug‘i, Yoxindan Yoxin urug‘i, Zeraxdan Zerax urug‘i, Shovuldan Shovul urug‘i kelib chiqqan. Shimo‘n urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 22.200 kishi chiqdi. Gad o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Zafo‘ndan Zafo‘n urug‘i, Xagidan Xagi urug‘i, Shunodan Shuno urug‘i, Oznaxdan Oznax urug‘i, Yeridan Yeri urug‘i, Aro‘ddan Aro‘d urug‘i, Eralidan Erali urug‘i kelib chiqqan. Gad urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 40.500 kishi chiqdi. [19-20] Yahudo o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Shelodan Shelo urug‘i, Parazdan Paraz urug‘i, Zeraxdan Zerax urug‘i kelib chiqqan. Yahudoning ikki o‘g‘li G‘ur va O‘nan Kan’on yurtida olamdan o‘tgan edilar. *** Parazdan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Xazrondan Xazron urug‘i, Xomuldan Xomul urug‘i kelib chiqqan. Yahudo urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 76.500 kishi chiqdi. Issaxor o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: To‘lodan To‘lo urug‘i, Puvaxdan Puvax urug‘i, Yoshuvdan Yoshuv urug‘i, Shimrondan Shimron urug‘i kelib chiqqan. Issaxor urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 64.300 kishi chiqdi. Zabulun o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Sareddan Sared urug‘i, Elo‘ndan Elo‘n urug‘i, Yaxliyoldan Yaxliyol urug‘i kelib chiqqan. Zabulun urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 60.500 kishi chiqdi. Yusufning o‘g‘illari Manashe va Efrayimdan kelib chiqqan urug‘lar quyidagilardir: Manashedan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Moxirdan Moxir urug‘i kelib chiqdi. Gilad urug‘i Moxirning o‘g‘li Giladdan kelib chiqqan. Giladdan kelib chiqqan urug‘lar quyidagichadir: Yazardan Yazar urug‘i, Xalekdan Xalek urug‘i, Osriyoldan Osriyol urug‘i, Shakamdan Shakam urug‘i, Shamidodan Shamido urug‘i, Xaferdan Xafer urug‘i kelib chiqqan. Xafer o‘g‘li Zalofxodning o‘g‘li yo‘q, qizlari bor edi, xolos. Zalofxod qizlarining ismlari Maxlo, Nuvah, Xo‘glax, Milxo va Tirza edi. Manashe urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 52.700 kishi chiqdi. Efrayim o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Shutalaxdan Shutalax urug‘i, Boxirdan Boxir urug‘i, Taxandan Taxan urug‘i kelib chiqqan. Shutalax o‘g‘li Irondan Iron urug‘i kelib chiqqan. Efrayim urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 32.500 kishi chiqdi. Yusuf nasli urug‘lari bo‘yicha ana shulardan iboratdir. Benyamin o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Belaxdan Belax urug‘i, Oshboldan Oshbol urug‘i, Oxiramdan Oxiram urug‘i, Shafufamdan Shafufam urug‘i, Xufamdan Xufam urug‘i kelib chiqqan. Belaxning o‘g‘illari Ard va No‘mandan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Arddan Ard urug‘i, No‘mandan No‘man urug‘i kelib chiqqan. Benyamin urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 45.600 kishi chiqdi. Dan o‘g‘li Xushimdan Xushim urug‘i kelib chiqqan. Dan urug‘lari shulardan iboratdir: butun Dan nasli Shuxom urug‘idan tashkil topgan edi. Ular sanalganda, 64.400 kishi chiqdi. Osher o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Yimnaxdan Yimnax urug‘i, Yishvidan Yishvi urug‘i, Bariyodan Bariyo urug‘i kelib chiqqan. Bariyo o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Xaberdan Xaber urug‘i, Malxiyoldan Malxiyol urug‘i kelib chiqqan. Osherning Serax degan qizi ham bor edi. Osher urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 53.400 kishi chiqdi. Naftali o‘g‘illaridan kelib chiqqan urug‘lar shulardir: Yaxzayoldan Yaxzayol urug‘i, Go‘nodan Go‘no urug‘i, Izardan Izar urug‘i, Shillemdan Shillem urug‘i kelib chiqqan. Naftali urug‘lari mana shulardan iboratdir. Ular sanalganda, 45.400 kishi chiqdi. Shunday qilib, Isroil xalqining hamma erkaklari sanalganda, 601.730 kishi chiqdi. Egamiz Musoga dedi: “Yerni qabilalarga odamlarning soniga ko‘ra, mulk qilib bo‘lib ber. Katta qabilaga kattaroq ulush ber, kichik qabilaga kichikroq ulush ber. Har bir qabilaga ro‘yxatga olingan odamlarning miqdoriga qarab ulush berilsin. Yerni qabilalarga ro‘yxatdagi odamlarning soniga qarab bo‘lib berayotganingizda, qur’a tashlanglar. Har bir qabilaning ulushi qabilaning katta–kichikligiga qarab qur’a bo‘yicha taqsimlansin.” Levi qabilasining ro‘yxati esa, urug‘lari bo‘yicha, quyidagichadir: Gershondan Gershon urug‘i, Qohotdan Qohot urug‘i, Maroridan Marori urug‘i kelib chiqqan. Bu urug‘lardan: Lubnax urug‘i, Xevron urug‘i, Maxli urug‘i, Mushi urug‘i, Ko‘rax urug‘i kelib chiqqan. Qohot Imromning otasi edi. Imromning xotini esa Yo‘xavad degan ayol edi. Yo‘xavad Levining qizi bo‘lib, u Misrda tug‘ilgan edi. Yo‘xavad Imromga ikki o‘g‘il — Horun va Musoni hamda bir qiz — Maryamni tug‘ib berdi. Horunning Nadov, Abihu, Elazar, Itamar degan o‘g‘illari bor edi. Nadov va Abihu Egamiz amr etmagan olovni Uning huzuriga olib kelganlari uchun nobud bo‘lgan edilar. Shunday qilib, Levi qabilasining bir oylik va undan yuqori yoshdagi erkaklari sanalganda, 23.000 kishi chiqdi. Levilarga Isroil xalqi orasida ulush berilmagani uchun, ular Isroil xalqi qatorida ro‘yxatga olinmagan edi. Muso bilan ruhoniy Elazar Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahri ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida ro‘yxatga olgan Isroil xalqi ana shulardan iborat edi. Muso bilan ruhoniy Horun Sinay sahrosida ro‘yxatga olgan odamlarning birortasi bu ro‘yxatga kirmadi, chunki Egamiz Isroil xalqining o‘sha avlodiga: “Sizlar sahroda o‘lib ketasizlar”, deb aytgandi. Ulardan faqat Natan o‘g‘li Xolib va Nun o‘g‘li Yoshua tirik qolgan edi. [1-2] Bir kuni Zalofxodning qizlari Uchrashuv chodiri kiraverishiga kelishdi. Zalofxod Xaferning o‘g‘li, Giladning nevarasi, Moxirning evarasi, Yusuf o‘g‘li Manashening chevarasi edi. Xullas, Zalofxod Manashe urug‘idan edi. Zalofxod qizlarining ismlari Maxlo, Nuvah, Xo‘glax, Milxo va Tirza edi. Ular Muso, ruhoniy Elazar, yo‘lboshchilar va butun jamoaning oldida turib shunday deyishdi: *** — Otamiz sahroda vafot etdi. U Egamizga qarshi yig‘ilgan Ko‘raxning to‘dasiga sherik bo‘lmagan, o‘z gunohi tufayli olamdan o‘tdi. Otamizning o‘g‘li yo‘q. O‘g‘li bo‘lmagani uchun otamizning nomi urug‘i orasidan o‘chib ketishi kerakmi? Bizga ham amakilarimiz qatori yerni mulk qilib beringlar. Muso ularning talabini Egamizga aytdi. Egamiz shunday javob qaytardi: — Zalofxodning qizlari haq gapni aytishyapti. Ularga albatta amakilari qatori yerni mulk qilib beringlar. Otasining ulushi qizlariga berilsin. Isroil xalqiga ham shunday deb uqtir. Agar biror kishi vafot etsa–yu, o‘g‘li bo‘lmasa, uning mulki qiziga qolsin. Agar qizi ham bo‘lmasa, u odamning mulki aka–ukalariga qolsin. Bordi–yu, marhumning aka–ukalari ham bo‘lmasa, uning mulki amakilariga qolsin. Agar marhumning amakilari ham bo‘lmasa, uning mulki urug‘idagi eng yaqin qarindoshiga qolsin. O‘sha qarindoshi merosxo‘r bo‘lsin. Sen orqali, Men, Egangiz, bergan amr Isroil xalqi uchun qonun bo‘lib qaror topsin. Egamiz yana Musoga dedi: — Aborim tizmasidagi anavi toqqa chiqib, Men Isroil xalqiga beradigan yurtga qara. O‘sha yurtni ko‘rganingdan keyin akang Horun singari olamdan o‘tasan. Chunki jamoa Zin cho‘lida Mendan noliganda, sizlar ikkovingiz Mening amrimga qarshi isyon qilgan edingizlar. Mariva suvlari yonida jamoaning ko‘zi oldida Mening muqaddasligimni namoyon qilmadingizlar. (O‘sha Mariva suvlari Zin cho‘lidagi Kadesh yaqinidadir.) Muso Egamizga dedi: — Ey, Egam, odamzod ruhlarining Xudosi, jamoa ustidan bir odamni tayinla. U xalqni janglarga boshlab borsin, toki Sening jamoang cho‘ponsiz qo‘yday bo‘lib qolmasin. Shunda Egamiz Musoga: — Nun o‘g‘li Yoshuani yoningga ol, — dedi. — Unda Mening Ruhim bor. Yoshuaga qo‘lingni qo‘y. Keyin uni ruhoniy Elazarning va butun jamoaning oldida turg‘izib, xalq yo‘lboshchisi etib tayinla. Butun Isroil jamoasi unga itoat qilishi uchun, Yoshuaga o‘z salohiyatingdan ber. Yoshua hamma ishni Elazar bilan bamaslahat qilsin. Elazar Urim orqali Yoshua uchun Mening irodamni bilib bersin. Yoshua va butun Isroil jamoasi hamma vaziyatda shunga qarab ish tutsin. Egamiz amr etganday, Muso Yoshuani ruhoniy Elazar va butun jamoaning oldida tik turg‘izib qo‘ydi. So‘ng Egamizning Musoga bergan amriga muvofiq, qo‘lini Yoshuaga qo‘yib, Isroil xalqining yo‘lboshchisi qilib tayinladi. Egamiz Musoga aytdi: “ Isroil xalqiga shunday deb buyur: ular taom nazrlarini Menga har doim belgilangan vaqtda keltirishsin. Kuydiriladigan bu nazrlardan Menga yoqimli hid keladi.” Egamiz davom etib, Isroil xalqiga olovda kuydiriladigan nazrlar to‘g‘risida quyidagi qonunlarni yetkaz, deb Musoga amr berdi: “Har kuni ikkita nuqsonsiz bir yoshli qo‘chqor qo‘zini Egamizga kunda kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Bitta qo‘zini ertalab, ikkinchisini kechqurun qurbonlik qilinglar. Har bir qo‘ziga qo‘shib, ikki kosa toza zaytun moyi aralashtirilgan to‘rt kosa sifatli unni don nazri qilib keltiringlar. Egamizga yoqimli hid borishi uchun olovda kunda kuydiriladigan qurbonliklar ilk bor Sinayda joriy qilingan edi. Har bir qo‘ziga qo‘shib ikki kosa sharob nazrini ham keltiringlar. Sharobni Egamizga atab Muqaddas chodirda nazr qilib quyinglar. Ikkinchi qo‘zini kechqurun qurbonlik qilinglar. Ertalabki qurbonlik singari, bu qurbonlikka qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazri qilinglar. Olovda kuydiriladigan bu qurbonliklardan Egamizga yoqimli hid boradi. Shabbat kuni esa ikkita bir yoshli nuqsonsiz qo‘chqor qo‘zini qurbonlik qilinglar. Bu qurbonliklar bilan birga belgilangan miqdorda sharob nazrini va zaytun moyi aralashtirilgan sakkiz kosa sifatli unni don nazri qilib keltiringlar. Bu kuydiriladigan qurbonliklarni har Shabbatda kunda kuydiriladigan qurbonliklardan va unga qo‘shib qilinadigan sharob nazridan tashqari keltiringlar. Har oyning boshida ikkita buqani, bitta qo‘chqorni va yettita bir yoshli qo‘chqor qo‘zini Egamizga atab kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Hamma jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Bu qurbonliklarga qo‘shib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan o‘n ikki kosa un, qo‘chqor bilan sakkiz kosa un, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan to‘rt kosa un. Olovda kuydiriladigan bu qurbonliklardan Egamizga yoqimli hid boradi. Har bir buqa bilan to‘rt kosa sharob, har bir qo‘chqor bilan uch kosa sharob, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan esa ikki kosa sharobni nazr qilinglar. Bu kuydiriladigan nazrlarni har oyning birinchi kunida ado etinglar. Bundan tashqari, bitta takani Egamizga gunoh qurbonligi qilinglar. Bu hamma qurbonligu nazrlarni kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan sharob nazridan tashqari keltiringlar. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni Egamizga bag‘ishlangan Fisih qurbonligini nazr qilinglar. O‘n beshinchi kuni esa yetti kunlik bayram boshlanadi, sizlar yetti kun davomida xamirturushsiz non yeyishlaringiz lozim. Bayramning birinchi kuni butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Egamizga atab ikkita buqani, bitta qo‘chqorni va yettita bir yoshli qo‘chqor qo‘zini olovda kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Hamma jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Bu qurbonliklarga qo‘shib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan o‘n ikki kosa un, qo‘chqor bilan sakkiz kosa un, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan to‘rt kosa un. O‘zlaringizni gunohdan poklash uchun takani gunoh qurbonligi qilinglar. [23-24] Bu nazrlarni kunda ertalab kuydiriladigan qurbonlikdan tashqari, yetti kun davomida keltiringlar. Bu taom nazrlarni Egamizga yoqimli hid bo‘lishi uchun olovda kuydiringlar. Bular kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan sharob nazridan tashqari keltirilsin. *** Yettinchi kuni ham butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin. O‘sha kuni odatdagi ishlaringizni qilmanglar. Hosil bayramining birinchi kuni, Egamizga yangi hosilingizning donini nazr qilganingizda, butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin. O‘sha kuni odatdagi ishlaringizni qilmanglar. Egamizga yoqimli hid borishi uchun ikkita buqa, bitta qo‘chqor, yettita bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Bu qurbonliklarga qo‘shib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan o‘n ikki kosa un, qo‘chqor bilan sakkiz kosa un, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan to‘rt kosa un. O‘zlaringizni gunohdan poklash uchun bitta takani qurbonlik qilinglar. Bu nazrlarni va ularga qo‘shib qilinadigan sharob nazrini — kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don nazridan tashqari keltiringlar. Qurbonlik qilinadigan hamma jonivorlaringiz nuqsonsiz bo‘lsin. Yettinchi oyning birinchi kunida butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin, har kungi ishlaringizni qilmanglar. O‘sha kuni karnaylar chalinsin. Egamizga yoqimli hid borishi uchun bitta buqani, bitta qo‘chqorni va yettita bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Qurbonliklarga qo‘shib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: buqa bilan o‘n ikki kosa un, qo‘chqor bilan sakkiz kosa un, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan to‘rt kosa un. O‘zlaringizni gunohlardan poklash uchun bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar har oyning boshida va kunda kuydiriladigan qurbonliklardan, ularga qo‘shib, belgilangan miqdorda qilinadigan don bilan sharob nazrlaridan tashqari keltirilsin. Bular Egamizga yoqimli hid borishi uchun olovda kuydirilsin. Yettinchi oyning o‘ninchi kuni ham butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin. Shu kuni ro‘za tutinglar, hech qanday ish qilmanglar. Egamizga yoqimli hid borishi uchun bitta buqani, bitta qo‘chqorni va yettita bir yoshli qo‘chqor qo‘zini kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Bu qurbonliklarga qo‘shib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: buqa bilan o‘n ikki kosa un, qo‘chqor bilan sakkiz kosa un, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan to‘rt kosa un. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar gunohlardan poklash qurbonligidan va unga qo‘shib qilinadigan sharob nazridan hamda kunda kuydiriladigan qurbonliklaru ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazrlaridan tashqari keltirilsin. Yettinchi oyning o‘n beshinchi kuni ham butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin. Har kungi ishlaringizni qilmanglar. Yetti kun davomida Egamizga atab bayram qilinglar. Birinchi kuni Egamizga yoqimli hid borishi uchun o‘n uchta buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini olovda kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Bu qurbonliklarga qo‘shib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan o‘n ikki kosa un, har bir qo‘chqor bilan sakkiz kosa un, har bir qo‘chqor qo‘zi bilan to‘rt kosa un. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don, sharob nazridan tashqari keltirilsin. Ikkinchi kuni o‘n ikkita buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini quydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. Uchinchi kuni o‘n bitta buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini quydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. To‘rtinchi kuni o‘nta buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini quydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. Beshinchi kuni to‘qqizta buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini quydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. Oltinchi kuni sakkizta buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini quydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. Yettinchi kuni yettita buqani, ikkita qo‘chqorni va o‘n to‘rtta bir yoshli qo‘chqor qo‘zini quydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. Sakkizinchi kuni esa butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin, har kungi ishlaringizni qilmanglar. Egamizga yoqimli hid borishi uchun bitta buqani, bitta qo‘chqorni va yettita bir yoshli qo‘chqor qo‘zini olovda kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lsin. Har bir buqa, qo‘chqor va qo‘chqor qo‘ziga qo‘shib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrlarini keltiringlar. Bitta takani gunoh qurbonligi qilinglar. Bu nazrlar kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazridan tashqari keltirilsin. Bayramlarda Egamizga atab kuydiriladigan qurbonlik, tinchlik qurbonligi, don bilan sharob nazrlari shulardan iboratdir. Bular bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan nazr va ko‘ngildan chiqarib beriladigan nazrlardan tashqari keltiriladi.” Shunday qilib, Egamiz, yetkaz, deb buyurgan hamma qonunlarni Muso Isroil xalqiga aytdi. Muso Isroil yo‘lboshchilariga Egamiz bergan quyidagi qonunlarni ham aytib berdi: agar birorta erkak kishi Egamizga va’da bergan bo‘lsa yoki biror narsadan o‘zini tiyishga qasam ichgan bo‘lsa, aytganlarining hammasini bajarsin. U so‘zidan qaytmasin. Agar qiz bola otasining uyida yashab yurgan davrda Egamizga va’da bersa yoki o‘zini biror narsadan tiyishga qasam ichsa, otasi qizining bergan va’dasi yoki ichgan qasamini eshitib indamasa, qiz bola aytganlarining hammasini bajarishi shart. Bordi–yu, otasi bularni eshitganda e’tiroz bildirsa, qizning bergan va’dasi yoki ichgan qasami bekor qilinadi. Otasi qiziga e’tiroz bildirgani uchun, Egamiz qizni bergan va’dasi yoki ichgan qasamidan ozod qiladi. Agar qiz va’da bergandan keyin yo o‘ylamasdan qasam ichib qo‘ygandan keyin turmushga chiqsa, uning eri bu haqda eshitib indamasa, qiz aytganlarining hammasini bajarishi shart. Lekin er bu haqda eshitib e’tiroz bildirsa, er xotinining bergan va’dasi va o‘ylamasdan ichgan qasami asosidagi majburiyatlarini bekor qilgan bo‘ladi. Egamiz xotinni o‘sha majburiyatlardan ozod qiladi. Beva yoki eridan ajralgan ayol bergan hamma va’dalari va o‘zini biror narsadan tiymoqchi bo‘lib, ichgan qasamlari ustidan chiqishi lozim. Agar turmushga chiqqan ayol va’da bersa yoki o‘zini biror narsadan tiyishga qasam ichsa, eri bu haqda eshitib indamasa, xotiniga e’tiroz bildirmasa, ayol aytganlarining hammasini bajarishi shart. Lekin er bu haqda eshitib ularni taqiqlasa, xotinning og‘zidan chiqqan hamma va’dalaru qasamlar bekor qilinadi. Er ularni taqiqlagani uchun, Egamiz ayolni bergan va’dasi yoki ichgan qasamidan ozod qiladi. Shunday qilib, er xotinining har qanday va’dasi yoki qasamini bajarishiga ijozat berishi yoki taqiqlashi mumkin. Agar er bir kun ichida xotiniga hech qanday e’tiroz bildirmasa, xotinining zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishiga ijozat bergan hisoblanadi. Ammo bir kun o‘tgandan keyin ularni bekor qilsa, xotinining gunohi uchun o‘zi jazo tortadi. Egamiz Musoga bergan er va xotin o‘rtasidagi, ota va hali otasining xonadonida yashayotgan qiz o‘rtasidagi munosabatlarga oid qonunlar ana shulardan iboratdir. Egamiz Musoga aytdi: — Isroil xalqi uchun Midiyonlardan qasos ol. Shundan keyin sen olamdan ko‘z yumasan. Shundan keyin Muso xalqqa aytdi: — Odamlaringizning bir qismini qurollantiringlar. Ular Midiyon xalqi bilan jang qilib, ulardan Egamizning qasosini olishsin. Har bir Isroil qabilasidan mingtadan odamni urushga jo‘natinglar. Har bir Isroil qabilasidan mingtadan odam tanlab olindi, jami o‘n ikki ming odam qurollanib jangga shay bo‘ldi. Muso ularni va ular bilan birga Elazar o‘g‘li ruhoniy Finxazni urushga jo‘natdi. Finxaz o‘zi bilan muqaddas ashyolarni va karnaylarni olib ketdi. Bu karnaylar xatardan darak berish uchun chalinardi. Egamiz Musoga amr qilganday, Isroil sipohlari Midiyonlar bilan jang qilishdi. Ular Midiyon xalqining butun erkak zotini qirib tashlashdi. Midiyon xalqining beshala shohini — Evi, Raxem, Zur, Xur, Rabani ham boshqalar qatori o‘ldirib yuborishdi. Bavo‘r o‘g‘li Balomni ham qilichdan o‘tkazishdi. Midiyon xalqining ayollariyu bolalarini asir qilib, jamiki podalarini, suruvlarini va mol–mulkini o‘lja qilib olishdi. Midiyon xalqi istiqomat qilgan hamma shaharu qarorgohlarga o‘t qo‘yishdi. Olgan hamma o‘ljalarini — odamidan tortib moligacha qarorgohga — Muso, ruhoniy Elazar va Isroil jamoasi huzuriga olib kelishdi. Qarorgoh Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahri ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida joylashgan edi. Muso, ruhoniy Elazar va jamoaning hamma yo‘lboshchilari ularni kutib olish uchun qarorgohdan tashqariga chiqishdi. Muso urushdan qaytib kelgan mingboshi va yuzboshilardan qattiq g‘azablandi. — Nimaga hamma ayollarni tirik qoldirdingiz? — deb so‘radi ulardan Muso. — Balomning maslahati bilan Piyor tog‘ida Isroil xalqini Egamizga xiyonat qilishga undagan shular–ku! O‘shalarning dastidan Egamizning jamoasi orasida o‘lat paydo bo‘lgan edi! Qani, bo‘linglar, hamma o‘g‘il bolalarni va er ko‘rgan ayollarni o‘ldiringlar. Faqat er ko‘rmagan qizlarni o‘zingiz uchun tirik qoldiringlar. So‘ng yetti kun davomida qarorgohdan tashqarida bo‘linglar. Qaysi biringiz odam o‘ldirgan yoki jasadga qo‘l tekkizgan bo‘lsangiz, uchinchi va yettinchi kunlari poklaninglar. Sizlar bilan birga asirlar ham poklanishsin. Hamma kiyimlarni, barcha charm va yog‘och buyumlarni, echki junidan to‘qilgan hamma narsalarni poklanglar. Ruhoniy Elazar urushga borgan sipohlarga aytdi: — Musoga Egamiz amr etgan qonun shundan iborat: oltin, kumush, bronza, temir, qalay va qo‘rg‘oshin — olovda yonmaydigan hamma narsalarni olovdan o‘tkazib poklanglar. Bundan tashqari, poklanish suvi bilan ham poklanglar. Olovda yonadigan buyumlarni esa suvning o‘zi bilan poklanglar. Yettinchi kuni kiyimlaringizni yuvinglar. Shunda pok bo‘lasizlar. Keyin qarorgohga kirsangiz bo‘ladi. Egamiz yana Musoga aytdi: — Sen, ruhoniy Elazar va jamoaning urug‘boshilari asir olingan odamlarni, o‘lja olingan hayvonlarni hisoblab chiqinglar. Asiru o‘ljalarni teng ikki qismga bo‘lib, bir qismini urushga borgan sipohlarga, ikkinchi qismini butun jamoaga beringlar. Urushga borgan sipohlar ulushidan Men, Egangiz, uchun ulush ajratinglar. Asirlar, mol, eshak, qo‘y va echkilarning har besh yuztasidan bittasini Menga ulush qilib beringlar. Sipohlardan olingan bu ulushni Menga nazr qilib, ruhoniy Elazarga beringlar. Xalqqa tegishli bo‘lgan o‘ljaning ikkinchi qismidan Muqaddas chodir uchun mas’ul bo‘lgan levilarga ulush beringlar. Asirlar, mol, eshak, qo‘y va echkilarning har elliktasidan bittasi levilarga berilsin. Muso bilan ruhoniy Elazar Egamizning Musoga bergan amrini ado etishdi. Sipohlar qo‘lga kiritgan narsalardan tashqari o‘lja qilib olgan mol–hol va ayollarning umumiy soni quyidagicha edi: qo‘y–echkilar — 675.000 ta, mollar — 72.000 ta, eshaklar — 61.000 ta, er ko‘rmagan qizlar — 32.000 ta. O‘ljaning urushga borgan sipohlarga tegishli qismi quyidagicha edi: qo‘y–echkilar — 337.500 ta, shulardan 675 ta qo‘y–echki Egamizning ulushidir, mollar — 36.000 ta, shulardan 72 tasi Egamizning ulushidir, eshaklar — 30.500 ta, shulardan 61 tasi Egamizning ulushidir, er ko‘rmagan qizlar — 16.000 ta, shulardan 32 tasi Egamizning ulushidir. Egamiz Musoga amr qilganday, Muso Egamizga ajratilgan ulushni nazr sifatida ruhoniy Elazarga berdi. Muso Isroil xalqi uchun sipohlarning o‘ljasidan ajratib olgan qism quyidagilardan iborat edi: qo‘y–echkilar — 337.500 ta, mollar — 36.000 ta, eshaklar — 30.500 ta, er ko‘rmagan qizlar — 16.000 ta. Isroil xalqi ulush qilib olgan odamu hayvonlarning har elliktasidan bittasini Muso Egamizning Muqaddas chodiri uchun mas’ul bo‘lgan levilarga berdi. Egamiz Musoga qanday amr qilgan bo‘lsa, Muso shuni qildi. Shundan so‘ng mingboshi va yuzboshilar Musoning huzuriga kelishdi. Ular Musoga: — Biz, qullaringiz, qo‘limiz ostidagi sipohlarni sanab chiqdik, — deyishdi, — bironta odamimizni yo‘qotmabmiz. O‘zimizni Egamiz hukmidan himoya qilish uchun, biz topgan oltin buyumlarimizni — bilaguzuklar, muhr uzuklar, sirg‘alar va zebigardonlarimizni Egamizga nazr qilib olib keldik. Muso bilan ruhoniy Elazar ular olib kelgan hamma oltin zeb–ziynatlarni olishdi. Mingboshi va yuzboshilar Egamizga nazr qilgan oltinning umumiy og‘irligi o‘n ikki pudga yaqin chiqdi. Oddiy sipohlar esa qo‘lga kiritgan o‘ljalarni o‘zlariga qoldirgan edilar. Isroil xalqini Egamiz doim esida tutishi uchun, Muso bilan ruhoniy Elazar mingboshi va yuzboshilardan olgan oltin buyumlarni Uchrashuv chodiriga olib kelishdi. Ruben va Gad qabilalarining chorvasi nihoyatda ko‘p edi. Ular Yazir va Gilad yerlarining chorvabop ekanligini ko‘rib, Muso, ruhoniy Elazar va jamoa yo‘lboshchilarining oldiga borib shunday deyishdi: — Otaro‘t, Dibon, Yazir, Nimro, Xashbon, Elaley, Savom, Navo, Bayo‘n shaharlari joylashgan butun o‘lkani Egamiz Isroil xalqiga mag‘lub qilib berdi. Bu nihoyatda chorvabop yerlar ekan. Biz, qullaringizning, esa chorvasi bor. Agar biz sizlarning iltifotingizga sazovor bo‘lgan bo‘lsak, o‘sha yerlarni bizga mulk qilib bersangizlar, bizni Iordan daryosining narigi tomoniga olib o‘tmasangizlar. Shunda Muso Gad bilan Ruben qabilalariga shu gapni aytdi: — Birodarlaringiz urushga borganlarida, sizlar bu yerda qolasizlarmi? Nimaga sizlar, Isroil xalqi Egamiz bergan yurtga bormasin, deb ularning ra’yini qaytaryapsizlar? Men otalaringizni Kadesh–Barnadan yurtni ko‘rib kelish uchun jo‘natganimda, ular ham xuddi shunday yo‘l tutishgan edi. Ular Eshko‘l soyligigacha borib, yurtni ko‘rib chiqqan edilar. So‘ng Egamiz bergan yurtga Isroil xalqi bormasin, deb ularning ra’yini qaytargan edilar. O‘sha kuni Egamiz otalaringizdan qattiq g‘azablanib shunday qasam ichgan edi: “Misrdan chiqqan yigirma va undan yuqori yoshdagi odamlar Men Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga va’da qilgan yurtga kirmaydilar, chunki ular Menga sodiq qolmadilar. O‘sha yurtga faqat Xanaz urug‘idan Yafunax o‘g‘li Xolib bilan Nun o‘g‘li Yoshua kiradilar, chunki ular ikkovigina Men, Egangizga, sodiq qoldilar.” Ha, Egamiz Isroil xalqidan qattiq g‘azablangan edi. Egamiz Uning oldida qabihlik qilgan ajdodlaringizni qirq yil — ular batamom tugab bitmaguncha sahroda kezdirdi. Endi esa siz, ey, gunohkorlar nasli, otalaringizning o‘rnini egallab, Egamizning g‘azabini Isroil xalqiga qarshi qo‘zg‘atyapsizlar! Agar Egamizdan yuz o‘girsangizlar, U Isroil xalqini yana sahroda tashlab ketadi. Butun xalq sizlar tufayli qirilib ketadi. Lekin Ruben va Gad qabilalari Musoga yaqinlashib, shunday deyishdi: — Biz bu yerda suruvlarimiz uchun qo‘y qo‘ralari, bola–chaqalarimiz uchun shaharlar quramiz. O‘zimiz esa qurollanib, Isroil xalqini ularning yurtiga joylashtirmagunimizcha safning boshida boramiz. Shu asnoda bolalarimiz mustahkam shaharlarda qoladilar, mahalliy xalqlar ularga xavf solmaydilar. Isroil xalqining har biri o‘z mulkiga ega bo‘lmaguncha, biz uyimizga qaytmaymiz. Biz Iordan daryosining narigi tomonidan o‘zimizga mulk olmaymiz, chunki bizning mulkimiz Iordanning bu tomonida — sharq tomonida bo‘ladi. Muso ularga shunday dedi: — Agar sizlar haqiqatan ham aytganingizni qilsangizlar, Egamiz oldida jang qilish uchun qurollaninglar. Qo‘liga qurol tutgan barcha sipohlaringiz Iordan daryosidan o‘tsin. Egamiz O‘z g‘animlarini quvib yubormaguncha, Uning oldida boringlar. Egamiz o‘sha yurtni taslim qilgandan keyingina, shu yerga qaytib kelishingiz mumkin. Shunda sizlar Egamiz oldida ham, Isroil xalqi oldida ham o‘z majburiyatingizdan ozod bo‘lasiz. Iordan daryosining sharq tomonidagi yer sizning Egamizdan olgan mulkingiz bo‘ladi. Agar shunday qilmasangizlar, sizlar Egamizga qarshi gunoh qilgan bo‘lasizlar. Gunohingiz o‘z boshingizni yeydi. Bolalaringiz uchun shaharlar, suruvlaringiz uchun qo‘ralar quringlar. Lekin va’dangiz ustidan chiqinglar. Gad va Ruben qabilalari Musoga: — Hazrat nima buyruq bersalar, qullari shuni ado etgaylar, — deyishdi. — Bolalarimiz, xotinlarimiz, podalaru suruvlarimiz shu yerda — Giladdagi shaharlarda qoladi. Lekin qo‘liga qurol tutgan har bir erkagimiz, hazratimiz aytganlariday, Egamiz boshchiligida jang qilish uchun daryoning narigi tomoniga o‘tadi. Shundan keyin Muso ruhoniy Elazarga, Nun o‘g‘li Yoshuaga va Isroil qabilalarining urug‘boshilariga buyruq berib dedi: — Agar Gad va Ruben qabilalari qurollanib, Egamiz boshchiligida jang qilish uchun sizlar bilan birga Iordanning narigi tomoniga o‘tishsa, sizlar o‘sha yurtni mag‘lub qilganingizdan keyin Gilad yerlarini ularga mulk qilib beringlar. Bordi–yu, ular sizlar bilan birga qurollanib bormasa, boshqa qabilalar qatori, Kan’on yurtidan mulk olishadi. Shunda Gad va Ruben qabilalari: — Egamiz qullaringizga qanday amr bergan bo‘lsa, hammasini ado etamiz, — deb javob berishdi. — Biz qurollanib, Egamiz boshchiligida Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tib, Kan’on yurtiga boramiz. Lekin Iordanning shu tomonidagi yerlar bizning mulkimiz bo‘la qolsin. Shundan keyin Muso Gad bilan Ruben qabilalariga hamda Yusuf o‘g‘li Manashe qabilasining yarmiga Amor xalqining shohi Sixo‘nning yurti bilan Bashan shohi O‘gning yurtini — ularning jamiki yerlaru shaharlarini, shahar atrofidagi o‘lkalarni berdi. [34-36] Gad qabilasi Dibon, Otaro‘t, Aror, Otro‘t–Shifan, Yazir, Yohboxo, Bayt–Nimro va Bayt–Xoron degan mustahkam shaharlarni qaytadan barpo qilib, qo‘y qo‘ralarini qurdi. *** *** [37-38] Ruben qabilasi ham Xashbon, Elaley, Xiratayim, Navo, Baal –Miyon (bu shaharlarning nomlarini o‘zgartirdi) va Sivmo shaharlarini qayta qurdi. Ular tiklagan shaharlariga yangi nom berdi. *** Manashe o‘g‘li Moxirning avlodlari Gilad o‘lkasiga borishdi. Ular Giladni bosib olib, Amor xalqini u yerdan quvib chiqarishdi. Shundan keyin Muso Giladni Moxir avlodiga berdi. Moxir avlodi u yerda joylashdi. Manashe o‘g‘li Yovir esa Amor xalqining qishloqlarini egalladi. U o‘sha yerlarga Yovir qishloqlari, deb nom berdi. Navah Qanot shahrini va uning atrofidagi qishloqlarni egalladi, u yerlarga Navah, deb o‘zining ismini berdi. [1-2] Muso Egamizning amriga ko‘ra, safar davomida qarorgoh qurilgan joylarning nomlarini birma–bir ro‘yxat qilib yozgan edi. Muso va Horun boshchiligida Misrdan qabila–qabila bo‘lib chiqqan Isroil xalqining to‘xtagan joylari quyidagilardir: *** Birinchi oyning o‘n beshinchi kunida, Fisih ziyofatining ertasiga Isroil xalqi Ramzes shahrini tark etdi. Ular jamiki Misr xalqining ko‘zi oldida shaxdam qadam bilan Misrdan chiqib ketishdi. Shu vaqtda Misrliklar Egamiz nobud qilgan hamma to‘ng‘ich o‘g‘illarini dafn qilayotgan edilar. Egamiz shu yo‘sinda Misr xudolarini mahkum etgan edi. Shunday qilib, Isroil xalqi Ramzesni tark etib, Suxo‘tda qarorgoh qurdi. So‘ng Suxo‘tdan ketib, sahroning chetidagi Etxamda qarorgoh qurdi. Ular Etxamdan chiqib, orqaga Baal –Zafo‘nning sharqidagi Piy–Xaxiro‘tga yo‘l olib, Migdol yonida qarorgoh qurishdi. Piy–Xaxiro‘tdan ham chiqib, Qizil dengizdan o‘tishdi–da, sahro tomon yo‘l olishdi. Etxam sahrosini uch kun kezganlaridan keyin, Maroda qarorgoh qurishdi. Keyin Marodan ketib, Ilimda qarorgoh qurishdi. Ilimda o‘n ikkita buloq va yetmishta xurmo daraxti bor edi. Ular Ilimdan keyin, Qizil dengiz bo‘yida qarorgoh qurishdi. Keyin Qizil dengiz bo‘yidan ketib, Sin sahrosida qarorgoh qurishdi. Sin sahrosidan ketib, Dofkaxda qarorgoh qurishdi. Dofkaxdan ketib, Elishda qarorgoh qurishdi. Elishdan ketib, Rafidimda qarorgoh qurishdi. Lekin u yerda ichimlik suvi yo‘q edi. Rafidimdan ketib, Sinay sahrosida qarorgoh qurishdi. Sinay sahrosidan ketib, Xivrut–Xattavoda qarorgoh qurishdi. Xivrut–Xattavodan ketib, Xazero‘tda qarorgoh qurishdi. Xazero‘tdan ketib, Ritmada qarorgoh qurishdi. Ritmadan ketib, Rimmon–Parazda qarorgoh qurishdi. Rimmon–Parazdan ketib, Libnada qarorgoh qurishdi. Libnadan ketib, Rissada qarorgoh qurishdi. Rissadan ketib, Kaxeletaxda qarorgoh qurishdi. Kaxeletaxdan ketib, Shafer tog‘ida qarorgoh qurishdi. Shafer tog‘idan ketib, Xaradaxda qarorgoh qurishdi. Xaradaxdan ketib, Makxilo‘tda qarorgoh qurishdi. Makxilo‘tdan ketib, Taxatda qarorgoh qurishdi. Taxatdan ketib, Terahda qarorgoh qurishdi. Terahdan ketib, Mitkada qarorgoh qurishdi. Mitkadan ketib, Xashmonaxda qarorgoh qurishdi. Xashmonaxdan ketib, Mosaro‘tda qarorgoh qurishdi. Mosaro‘tdan ketib, Baniyaqonda qarorgoh qurishdi. Baniyaqondan ketib, Xor–Xagigadda qarorgoh qurishdi. Xor–Xagigaddan ketib, Yotbotoda qarorgoh qurishdi. Yotbotodan ketib, Avro‘nda qarorgoh qurishdi. Avro‘ndan ketib, Ezyo‘n–Geberda qarorgoh qurishdi. Ezyo‘n–Geberdan ketib, Zin sahrosidagi Kadeshda qarorgoh qurishdi. Kadeshdan ketib, Edom yurtining chegarasidagi Xo‘r tog‘ida qarorgoh qurishdi. Ruhoniy Horun Egamizning amri bilan Xo‘r tog‘iga chiqib, o‘sha yerda vafot etdi. Bu voqea Isroil xalqi Misrdan chiqqaniga qirq yil bo‘lganda, beshinchi oyning birinchi kunida sodir bo‘ldi. Horun Xo‘r tog‘ida vafot etganda 123 yoshda edi. Kan’onlik Arod shohi shu paytda: “Isroil xalqi kelyapti”, degan xabarni eshitdi. U Kan’ondagi Nagav cho‘lida yashardi. Isroil xalqi Xo‘r tog‘idan ketib, Zalmo‘noda qarorgoh qurdi. Ular Zalmo‘nodan ketib, Punonda qarorgoh qurishdi. Punondan ketib, Obo‘tda qarorgoh qurishdi. Obo‘tdan ketib, Mo‘ab hududidagi Ivay–Aborimda qarorgoh qurishdi. Ivay–Aborimdan ketib, Dibon–Gadda qarorgoh qurishdi. Dibon–Gaddan ketib, Elmon–Diblatayimda qarorgoh qurishdi. Elmon–Diblatayimdan ketib, Navo tog‘ining yonidagi Aborim tog‘larida qarorgoh qurishdi. Aborim tog‘laridan ketib, Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahrining ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida qarorgoh qurishdi. Ular Mo‘ab tekisligida Iordan bo‘ylab, Bayt–Yashimo‘tdan tortib Ovil–Shitimgacha qarorgoh qurishdi. Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahrining ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida Egamiz Musoga shunday dedi: — Isroil xalqiga ayt: “Sizlar Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tib, Kan’on yurtiga borganlaringizdan keyin u yerning aholisini haydab chiqaringlar. Ularning hamma tosh va quyma butlarini yo‘q qilinglar, jamiki sajdagohlarini buzib tashlanglar. O‘sha yurtga egalik qilinglar, u yerda o‘rnashib olinglar, chunki Men o‘sha yurtni sizlarga berganman. Yerlarni urug‘laringiz orasida qur’a bo‘yicha bo‘lib beringlar. Katta urug‘ga kattaroq ulush, kichik urug‘ga kichikroq ulush beringlar. Qur’a bo‘yicha kimga qayer chiqsa, o‘sha yer o‘sha urug‘ning ulushi bo‘lib qoladi. Shu yo‘sinda yerlarni qabilalar orasida bo‘lib beringlar. Agar sizlar o‘sha yurtning aholisini haydab chiqarmasangiz, ularning qolgan–qutganlari sizlar uchun ko‘zga kirgan zirapchaday, biqinga sanchilgan tikanday bo‘ladi. Ular sizlarni yashab turgan yurtingizda siqadi. Shunda Men ularning boshiga nima solmoqchi bo‘lgan bo‘lsam, sizning boshingizga solaman.” Egamiz Musoga dedi: — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “ Kan’on yurtiga kirib borganingizdan keyin, sizlarga mulk qilib beriladigan bu yurt quyidagicha chegaralanadi: Yurtingizning janubiy qismi Zin cho‘lidan Edom yurti bo‘ylab cho‘ziladi. Janubiy chegarangiz sharq tomonda O‘lik dengizning janubiy qirg‘og‘idan boshlanib, Chayonlar dovonidan o‘tadi va janub tomonga, Zin cho‘li tomon cho‘ziladi. Chegarangizning eng janubiy nuqtasi Kadesh–Barna bo‘ladi. U yerdan chegara Xazor–Adargacha borib, Ozmon orqali o‘tadi. So‘ng burilib, Misr chegarasidagi soylik bo‘ylab O‘rta yer dengiziga borib taqaladi. O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i g‘arbiy chegarangizni tashkil qiladi. Shimoliy chegarangiz esa O‘rta yer dengizidan sharqqa, Xo‘r tog‘iga tomon cho‘ziladi. Xo‘r tog‘idan Levo–Xomatgacha boradi, so‘ng Zadoddan o‘tib, Zifro‘nga cho‘zilib boradi va Xazor–Enanda to‘xtaydi. Bu sizning shimoliy chegarangiz bo‘ladi. Sharqiy chegarangiz shimoldagi Xazor–Enandan boshlanib, janub tomon Shafomga boradi, so‘ng yana janubga cho‘zilib, Oyinning sharq tomonidagi Rivlodan o‘tadi va Jalila ko‘lining sharq tomonidagi qirlar bo‘ylab boradi. So‘ng chegara Iordan daryosi bo‘ylab janubga cho‘zilib, O‘lik dengizga borib to‘xtaydi. Har tomondan chegaralangan mana shu yerlar sizlarning yurtingiz bo‘ladi.” Shundan so‘ng Muso Isroil xalqiga buyurdi: — Bu yurtni qur’a tashlab, bo‘lib olinglar. Egamiz bu yurtni to‘qqizta qabilaga va bir qabilaning yarmiga bo‘lib berishni amr etgan. [14-15] Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi xonadonlari bo‘yicha Yerixo shahrining ro‘parasidagi Iordanning sharq tomonidan o‘zlariga tegishli mulkni olganlar. *** Egamiz Musoga yana aytdi: “ Ruhoniy Elazar va Nun o‘g‘li Yoshua yurtni Isroil xalqiga bo‘lib berishsin. Har bir qabiladan bittadan yo‘lboshchini ularga yordamchi qilib tayinlanglar. O‘sha odamlarning ismlari quyidagichadir: Yahudo qabilasidan — Yafunax o‘g‘li Xolib. Shimo‘n qabilasidan — Omihud o‘g‘li Shomuil. Benyamin qabilasidan — Xislon o‘g‘li Elidod. Dan qabilasidan — Yoxli o‘g‘li Bukki. Yusuf o‘g‘li Manashe qabilasidan — Efo‘d o‘g‘li Xanniel. Efrayim qabilasidan — Shifton o‘g‘li Kamuvol. Zabulun qabilasidan — Parno‘x o‘g‘li Elizofon. Issaxor qabilasidan — Ozzon o‘g‘li Paltiyol. Osher qabilasidan — Shalumi o‘g‘li Oxixud. Naftali qabilasidan — Omihud o‘g‘li Padahiyol.” Egamiz ana shu odamlarga, Isroil xalqiga Kan’on yurtini mulk qilib bo‘lib beringlar, deb amr bergan edi. Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahrining ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida Egamiz Musoga dedi: “ Isroil xalqiga buyur, ular mulk qilib oladigan yeridan levilarga yashash uchun shaharlar berishsin. Shuningdek, shaharlarning atrofidagi yaylovlarni ham berishsin. Shaharlar levilarga vatan bo‘ladi, yaylovlar esa mol–holi uchun yaraydi. Levilarga beriladigan yaylovlar shahar devoridan 1000 tirsak masofada bo‘lgan tevarakdagi hamma yaylovlarni o‘z ichiga olsin. Shahar tashqarisidan sharq, janub, g‘arb, shimol tomonga 2000 tirsak o‘lchanglar, shahar o‘rtada bo‘lsin. Shahar atrofi esa ularning yaylovlari bo‘ladi. Sizlar levilarga beradigan shaharlaringizning oltitasi panoh shaharlar bo‘lsin. Birortangiz bilmasdan odam o‘ldirib qo‘ysangiz, o‘sha shaharlarning biriga qochib borishingiz mumkin. Bu oltita shahardan tashqari levilarga yana qirq ikkita shahar beringlar. Hammasi bo‘lib levilarga qirq sakkizta shahar va ular atrofidagi yaylovlar berilsin. Isroil xalqi mulkidan har bir qabila olgan ulushining hajmiga ko‘ra, levilarga shaharlar ajratib beringlar. Kattaroq ulush olgan qabila ko‘proq, kichikroq ulush olgan qabila esa kamroq shahar bersin.” [9-10] Isroil xalqiga quyidagi amr va qonunlarni yetkaz, deb Musoga Egamiz shunday amr berdi: “Sizlar Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tib, Kan’on yurtiga kirganlaringizdan keyin, *** o‘zlaringiz uchun panoh shaharlarni tanlanglar. Birortasi bilmasdan odam o‘ldirib qo‘ysa, o‘sha shaharlarning biriga qochib bora oladigan bo‘lsin. Qotil jamoa oldida hukm qilinishdan oldin o‘ldirilib qo‘yilmasligi uchun, bu shaharlar qotilga qasoskordan panoh bo‘ladi. Oltita panoh shahringiz bo‘lsin. Uchta shaharni Iordan daryosining sharq tomonidan, qolgan uchtasini Kan’on yurtidan tanlanglar. Ana shu oltita shahar sizlar uchun ham, orangizda vaqtincha yoki doimiy ravishda istiqomat qilayotgan musofirlar uchun ham panoh bo‘ladi. Birortasini tasodifan o‘ldirib qo‘ygan odam o‘sha yoqqa qochib borsin. Agar birorta odam boshqasini temir asbob bilan urib o‘ldirib qo‘ysa, urgan odam qotil hisoblanadi va o‘sha odamning jazosi o‘limdir. Odamni tosh bilan urib o‘ldirgan kishi ham qotildir. Qotilning jazosi o‘limdir. Odamni yog‘och qurol bilan urib o‘ldirgan kishi ham qotildir. Qotilning jazosi o‘limdir. Marhumning xunini oladigan odam qotilni o‘ldirsin. Qotilni uchratib qolganda uning jonini olsin. Shuningdek, agar birortasi boshqasini yomon ko‘rgani uchun itarib yoki qasddan unga biror narsani otib o‘ldirib qo‘ysa, yoxud adovatdan unga musht tushirib o‘ldirsa, urgan odamning jazosi o‘limdir. U qotildir. Marhumning xunini oladigan odam qotilni uchratganda o‘ldirsin. Bordi–yu, biri boshqasini bexosdan, xusumat qilmay, turtib yuborsa yoki qasd qilmay biror narsa otsa [23-24] yo ko‘rmay turib ustiga tosh tushirib yuborsa va o‘sha odam o‘lsa, jamoa qasoskor bilan odam o‘ldirgan kishining orasidagi mojaroni hal qilsin. Chunki odam o‘ldirganning va marhumning orasida hech qanday adovat bo‘lmagan edi. *** Jamoa qotilni qasoskorning qo‘lidan xalos qilib, uni qaytarib panoh shaharga jo‘natsin. Moy surtib tanlangan oliy ruhoniy vafot etguncha, qotil o‘sha yerda qolsin. Lekin qotil panoh shahar chegarasidan chiqsa va qasoskor uni panoh shahardan tashqarida tutib olib o‘ldirsa, qasoskor qotillikda ayblanmaydi. Chunki oliy ruhoniy vafot etguncha, qotil panoh shaharda qolishi lozim edi. Oliy ruhoniyning vafotidan so‘nggina u o‘z uyiga qaytib borishi mumkin edi. Mana shular sizlar uchun avlodlaringiz osha, qayerda yashasangiz ham, qonun bo‘lib qolsin. Odam o‘ldirgan kishi faqat guvohlarning ko‘rsatmalari asosidagina qotillikda ayblanib, o‘limga mahkum qilinsin. Bitta odamning guvohligi asosida hech kim o‘ldirilmasin. O‘limga hukm qilingan qotilning joni evaziga pul olmanglar. Qotilni albatta o‘ldiringlar. Panoh shaharga qochib ketgan odamdan ham pul olmanglar, u oliy ruhoniyning vafotidan oldin o‘z yeriga qaytib kelib yashashi uchun yo‘l qo‘ymanglar. O‘zingiz yashab yurgan yerni bulg‘amanglar. Yer to‘kilgan qon tufayli bulg‘anadi. Qotillik tufayli bulg‘angan yerni faqat qotilning qoni bilan tozalab bo‘ladi. O‘zlaringiz yashaydigan va Men istiqomat qiladigan yerni bulg‘amanglar, zotan Men, Egangiz, Isroil xalqi orasida istiqomat qilaman.” Bir kuni Gilad urug‘ining urug‘boshilari Muso bilan Isroil yo‘lboshchilari oldiga kelishdi. Gilad Moxirning o‘g‘li, Manashening nevarasi, Yusufning evarasi edi. — Ey, Muso hazratlari, — deya murojaat qilishdi ular. — Egamiz sizga, Isroil xalqiga qur’a bo‘yicha yerni mulk qilib ber, deb amr qilganda, inimiz Zalofxodning mulkini qizlariga berishingizni aytgan edi. Bordi–yu, Zalofxodning qizlari Isroilning boshqa qabilasidagi yigitlarga turmushga chiqsalar, ularning mulki turmushga chiqqan urug‘ning mulkiga qo‘shiladi. Shunda qabilamiz ulush qilib olgan yerning bir qismidan ajralib qoladi. Qutlug‘ yil kelganda esa Zalofxod qizlarining mulki o‘zlari turmushga chiqqan urug‘ning mulkiga qo‘shilib, qabilamizning mulkidan ayirib olinadi va biz qabilamizga tegishli bo‘lgan bir qism yerdan ayrilib qolamiz. Muso, Egamizning amriga binoan, Isroil xalqiga aytdi: — Yusuf avlodining gapi to‘g‘ri. Egamiz Zalofxodning qizlari haqida shunday amr berdi: Zalofxodning qizlari o‘zlari xohlagan odamlarga turmushga chiqishsin. Lekin ular turmushga chiqadigan yigitlar Zalofxodning qabilasidan bo‘lishlari shart. Isroil xalqining mulki bir qabiladan boshqasiga o‘tib ketmasin. Har bir Isroil odami otalaridan meros qilib olgan yerni saqlasin. Isroilning hamma qabilasida mulkka merosxo‘rlik qiladigan har qanday qiz, o‘zining qabilasidan birortasiga turmushga chiqsin, toki Isroilning hamma odamlari mulk qilib olgan yerlariga o‘zlari egalik qilsin. Ana shunda mulk bir qabiladan boshqa qabilaga o‘tib ketmaydi. Isroil xalqining har bir qabilasi o‘z mulkini saqlab qolsin. Egamiz Musoga qanday amr etgan bo‘lsa, Zalofxodning qizlari o‘shanday qildilar. Zalofxodning Maxlo, Tirza, Xo‘glax, Milxo va Nuvah ismli qizlari o‘z amakilarining o‘g‘illariga turmushga chiqdilar. Ular turmushga chiqqan yigitlar Yusuf o‘g‘li Manashe urug‘laridan edilar. Shunday qilib, u qizlarning merosi otalari qabilasida qoldi. Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz bergan amr va qonunlar ana shulardan iboratdir. Bu qonunlar Mo‘ab tekisligida, Yerixo shahrining ro‘parasidagi Iordan daryosi bo‘yida berilgan edi. Mazkur kitobda Musoning Isroil xalqiga aytgan nutqi bayon qilingan. U bu nutqini Iordan daryosining sharq tomonidagi cho‘lda aytgan edi. Bu cho‘l Suf degan joyning qarshisida joylashgan bo‘lib, uning bir tomonida Poron shahri, qarama–qarshi tomonida Tofal, Lobon, Xazero‘t va Dizaxab shaharlari bor edi. (Sinay tog‘idan Kadesh–Barnagacha Seir tog‘lari bo‘ylab o‘n bir kunlik yo‘ldir.) Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, qirqinchi yilning o‘n birinchi oyi birinchi kunida Muso ularga Egamizning amr etgan so‘zlarini aytdi. Bundan oldin u Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nni hamda Ashtaro‘t va Edrey shaharlarida hukmronlik qilgan Bashan shohi O‘gni mag‘lub qilgan edi. Iordanning sharqiy tomonida, Mo‘ab yurtida Muso bu qonunlarni Isroil xalqiga quyidagicha tushuntira boshladi: Egamiz Xudo Sinay tog‘ida bizga shunday dedi: “Bu tog‘da ancha vaqt turib qoldingizlar. Endi yo‘lga tushinglar, Amor xalqining qirlariga va ularga qo‘shni bo‘lgan Kan’on xalqining yurtiga boringlar. Bu o‘lkaga Iordan vodiysi, qirlar, g‘arbdagi qirlar etaklari, Nagav cho‘li, O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i, Lubnon va buyuk Furot daryosigacha bo‘lgan yerlar kiradi. Mana shu yerlarni sizlarga beryapman. Boringlar, o‘sha yurtni mulk qilib olinglar. Men, Egangiz, bu yerlarni ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga hamda ularning avlodlariga beraman, deb ont ichganman.” Biz Sinay tog‘ida turgan paytimizda men sizlarga shunday degan edim: “Bir o‘zim og‘irligingizni ko‘tara olmayman. Egangiz Xudo sizlarni ko‘paytirdi. Mana, bugun sizlar osmondagi yulduzlarday son–sanoqsiz bo‘ldingiz. Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz O‘z va’dasiga muvofiq sizlarni yana ming karra ko‘paytirsin, sizlarga baraka bersin. Bir o‘zim sizning og‘irligingizni, muammolaru janjallaringizni ko‘tara olarmidim?! Endi har bir qabilangizdan dono, aql–idrokli va obro‘li kishilarni tanlab olinglar. Men o‘sha odamlarni sizlarga yo‘lboshchilar qilaman.” Sizlar menga: “Rejangiz yaxshi”, deb javob berdingizlar. Shunda men dono va obro‘li qabila yo‘lboshchilaringizni ustingizdan nazoratchi qilib tayinladim. Ularga mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi va turli nazoratchilar vazifalarini bo‘lib berdim. O‘sha vaqtda hakamlaringizga shunday deb buyurgan edim: “Birodarlaringiz orasidagi muammolarga yaxshilab quloq soling. Hukmingiz to‘g‘ri bo‘lsin, Isroil xalqi orasidagi muammolarni hamda qondoshingiz bilan musofir orasidagi muammolarni to‘g‘ri hukm qiling. Hukmda tarafkashlik qilmang. Kattaga ham, kichikka ham birday quloq soling. Odamlardan qo‘rqmang, chunki hukm Xudonikidir. O‘zingiz yecha olmagan masalalarni menga olib keling, ularni o‘zim yechaman.” Qilishingiz lozim bo‘lgan hammasini o‘shanda sizlarga aytdim. Keyin Egamiz Xudo buyurganiday biz Sinay tog‘idan ketdik. O‘zlaringiz ko‘rgan keng va vahimali sahro orqali Amor xalqining qirlariga boradigan yo‘ldan yurib, Kadesh–Barnaga bordik. Shundan keyin men sizlarga aytdim: “Mana, Egamiz Xudo bizga berayotgan Amor xalqining qirlariga yetib keldik. Qaranglar, mana shu yerlarning hammasini Egamiz Xudo sizlarga berdi. Qani, endi boringlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizning va’dasiga muvofiq o‘sha yerni qo‘lga kiritinglar. Qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar.” Sizlar hammangiz oldimga kelib aytdingizlar: “Bormasimizdan oldin odamlar yuboraylik. Ular o‘sha yurtni tekshirsin. Biz boradigan yo‘l va bosib oladigan shaharlar haqida xabar olib kelishsin.” Rejangiz menga ma’qul bo‘ldi. Orangizdan o‘n ikki kishini, har bir qabiladan bittadan odamni tanlab oldim. Ular qirlarga chiqdilar, Eshko‘l vodiysigacha yetib borib, o‘sha yurtni tekshirdilar. U yurtning mevalaridan bizga olib keldilar. “Egamiz Xudo bizga bergan yurt yaxshi ekan”, deb aytdilar. Lekin sizlar bu yurtga borishdan bosh tortdingizlar, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqdingizlar. Chodirlaringizda ming‘irlab shunday dedingiz: “Egamiz bizni yomon ko‘radi. U bizni Amor xalqining qo‘liga berib, o‘ldirish uchun Misrdan olib chiqdi. Qayerga ketyapmiz o‘zi?! Birodarlarimiz yuragimizni yorib bo‘ldi–ku! U yerdagi odamlar bizdan kuchliroq, bo‘ylari ham balandroq ekanini aytishdi. Ularning ulkan shaharlari osmon o‘par devorlar bilan o‘ralgan ekan! U yerda hatto Inoq avlodini ham ko‘rishgan ekan.” Shunda men sizlarga dedim: “Vahimaga tushmanglar, ulardan qo‘rqmanglar. Egangiz Xudoning O‘zi oldingizda yuradi. Ko‘zingiz oldida Misrda jang qilganday, sizlar uchun jang qiladi. Egangiz Xudo sizlarga sahroda g‘amxo‘rlik qilganini o‘zingiz ko‘rdingiz. U sizlarni shu yergacha, xuddi ota o‘g‘lini opichlaganday, butun yo‘l bo‘yi ko‘tarib keldi. Shunda ham sizlar Egangiz Xudoga ishonmayapsiz. U esa qarorgoh qurishingiz uchun joy qidirib, oldingizda yurardi. Yuradigan yo‘lingizni ko‘rsatib, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida, kunduzi esa ustun shaklidagi bulut ichida borardi.” Egamiz noliganingizni eshitib, g‘azablandi. U ont ichib dedi: “Men ota–bobolaringizga va’da qilgan hosildor yurtga bu qabih naslining birontasi ham kirmaydi. O‘sha yurtni faqat Yafunax o‘g‘li Xolib ko‘radi. U Menga sodiq qoldi. Shuning uchun unga va uning avlodiga o‘zi qadam qo‘ygan yerni beraman.” Sizlarni deb Egamiz mendan g‘azablanib aytdi: “Sen ham u yerga kirmaysan. U yurtga yordamching Nun o‘g‘li Yoshua kiradi. Unga dalda ber. Yurtni xalqqa mulk qilib, olib beradigan o‘shadir. O‘shanda sizlar, bolalarimiz dushmanlarga o‘lja bo‘ladi, deb aytgan edingizlar. Bolalaringiz hanuz yaxshi bilan yomonning farqiga bormaydi, ammo yurtga kiradigan o‘shalardir. Men u yurtni bolalaringizga beraman. Ha, ular o‘sha yurtni egallab oladilar. Sizlar esa sahroga qaytinglar! Qizil dengizga boradigan yo‘ldan ketinglar.” Egamizning bu gaplaridan keyin, sizlar menga shunday dedingizlar: “Egamizning oldida gunoh qildik. Endi borib, Egamiz Xudo bizga amr qilganidek, jang qilamiz.” Sizlar, o‘sha qirlarni qo‘lga kiritish oson bo‘ladi, deb o‘ylab, jang qurollaringizni oldingiz. Lekin Egamiz menga shunday dedi: “Ularga ayt, tepaga chiqishmasin. Jang qilib yurishmasin. Axir, Men ular bilan bo‘lmayman. Aks holda, dushmanlari ularni mag‘lub qiladi.” Sizlarga shunday desam ham, menga quloq solmadingizlar. Egamizning amriga qarshi chiqib, o‘zboshimchalik bilan qirlarga chiqdingizlar. O‘sha qirlarda yashaydigan Amor xalqi qarshilik ko‘rsatib, sizlarni arilar kabi quvdilar. Sizlarni Seirda tor–mor qildilar. Xo‘rmaxgacha ta’qib qilib, qirib tashladilar. Omon qolganingiz qaytib kelib, Egamizga faryod qildingizlar. Lekin Egamiz na nolangizga quloq soldi, na sizlarga e’tibor berdi. Shunday qilib, Kadesh–Barnada ancha turdingiz, birmuncha vaqt u yerda qolib ketdingiz. Egamiz menga aytganiday, biz Qizil dengiz tomondagi sahroga qaytdik. Seir tog‘lari atrofida ko‘p vaqt yurdik. Egamiz menga shunday dedi: “Bu qirlar atrofida shuncha aylanib yurganingiz yetadi. Endi shimol tomonga boringlar. Bu xalqqa Mendan shunday buyruq bergin: ‘Seir yurtida yashaydigan birodarlaringiz — Esov avlodining yerlaridan o‘tasizlar. Ular sizdan qo‘rqishadi. Ammo ehtiyot bo‘linglar, ular bilan jang qilmanglar. Men sizlarga u yerning bir qarichini ham bermayman, chunki Men Seir tog‘larini Esov avlodiga mulk qilib berganman. Ulardan ovqatni kumushga sotib olib yenglar, suvni ham kumushga sotib olib ichinglar. Men, Egangiz Xudo, har bir ishingizda sizlarga baraka berdim. Shu bepoyon sahroda yurganingizda sizlarni himoya qildim. Qirq yildan beri Men sizlar bilan birgaman, sizlar hech qanday kamchilik ko‘rmadingizlar.’” Shunday qilib, biz Seirda yashovchi birodarlarimiz — Esov avlodining yeridan o‘tib ketdik. Elet va Ezyo‘n–Geberdan Iordan vodiysiga ketgan yo‘ldan yurdik. So‘ngra Mo‘ab cho‘li tomon burilib ketdik. Shunda Egamiz menga dedi: “ Mo‘abliklar bilan janjallashib, urush boshlamanglar. Men sizlarga ularning yeridan mulk bermayman, chunki Or hududini Men Lut avlodiga mulk qilib berganman.” (Oldin u yerda Eyim xalqi yashagan edi. Ular ko‘pchilik bo‘lib, kuchli, Inoq avlodi singari baland bo‘yli xalq edi. Eyim xalqi va Inoq avlodlari, odatda, Rafa xalqi deb atalardi. Ammo Mo‘abliklar ularni Eyim xalqi, deb atashardi. Seirda ancha oldin Xorim xalqi yashagan. Ammo Esov avlodi o‘sha yerlarni ulardan tortib olgandi. Isroil xalqi Egamiz mulk qilib bergan yurtda xalqlarni yo‘q qilganday, Esov avlodi ham Xorim xalqini yo‘q qilib, ularning yerlariga joylashib olgan edi.) Egamiz: “Qani, endi otlaninglar, Zarad soyligidan o‘tinglar”, — deb amr berdi. Biz Zarad soyligidan o‘tdik. Kadesh–Barnadan chiqishimizga va Zarad soyligidan o‘tishimizga 38 yil ketdi. Egamiz ont ichib aytganiday, bu vaqt oralig‘ida o‘sha naslning urushga yaroqli bo‘lgan odamlari olamdan o‘tib ketdi. Darhaqiqat, Egamiz ularga qarshi O‘z qo‘lini ko‘tarib, qarorgohdagi hamma urushga yaroqlilarni qirib tashladi. Urushga yaroqli bo‘lganlarning hammasi o‘lib, xalq orasidan yo‘q bo‘lgandan keyin, Egamiz menga shunday dedi: “Bugun Or shahridan o‘tasizlar, Mo‘ab yurtining shimoliy chegarasini kesib, Ommon xalqining yeriga yaqinlashasizlar. Lekin ular bilan janjalashib, urush boshlamanglar. Sizlarga ularning yeridan bir parcha ham bermayman. Bu yerni Men Lut avlodiga mulk qilib berganman.” (Ilgarilari bu yer Rafa xalqining yurti edi. Bu yerda Rafa xalqi yashagan edi. Ommon xalqi esa ularni Zamzum xalqi, deb atashardi. Bu xalq kuchli, ko‘p bo‘lib, Inoq avlodi singari baland bo‘yli edi. Ammo Egamiz ularni yo‘q qildi. Ommon xalqi ularning yerini qo‘lga kiritib, o‘sha yerga joylashib olgandi. Seirda yashayotgan Esov avlodi uchun ham Egamiz xuddi shunday qilgan edi. Xorim xalqini Egamiz yo‘q qildi. Esov avlodi Xorim xalqining yerini qo‘lga kiritib, ularning o‘rniga o‘zlari joylashib olishdi. Ular hozirgacha o‘sha yerda yashaydi. Avim xalqi esa janubdagi G‘azogacha bo‘lgan qishloqlarda yashardi. Ammo Xafto‘rdan kelgan Xafto‘r xalqi ularni yo‘q qilib, o‘rnilariga o‘zlari joylashib olishgandi.) Biz Mo‘ab yurtidan o‘tganimizdan keyin, Egamiz shunday dedi: “Endi otlanib, yo‘lga tushinglar, Arnon soyligidan o‘tinglar. Men Amor xalqining Xashbonda yashaydigan shohi Sixo‘nni va uning yerini sizlarning qo‘lingizga beraman. Unga hujum qilib, jang boshlang, uning yurtini egallab oling. Men shunday qilamanki, bugundan boshlab butun yer yuzidagi xalqlar sizlardan qo‘rqib, vahimaga tushadigan bo‘lishadi. Nomingizni eshitganlar sizlardan qo‘rqqanidan qaltiraydigan bo‘ladi.” Shundan keyin men Kadamo‘t cho‘lidan Xashbon shohi Sixo‘nga elchilar orqali quyidagicha do‘stona gaplarni yetkazdim: “Ijozat bering, sizning yeringizdan o‘tib ketaylik. O‘ngga ham, chapga ham qayrilmay, to‘g‘ri yo‘ldan ketamiz. Ovqatni biz sizdan kumushga sotib olib, yeymiz, suvni ham sizdan sotib olib ichamiz, faqat piyoda yurib o‘tishimizga ruxsat bersangiz bo‘ldi. Seirda yashayotgan Esov avlodi ham, Or shahrida yashayotgan Mo‘abliklar ham ijozat bergan edi. Ularning yerlaridan o‘tib keldik. Ular singari siz ham ijozat bering, yeringizdan o‘tib ketaylik. Iordandan o‘tib, Egamiz Xudo bizga beradigan yurtga yetib olaylik.” Biroq Xashbon shohi Sixo‘n yeridan o‘tib ketishimizga ruxsat bermadi. Sizlar bugun yashab yurgan yerni qo‘lga kiritishingiz uchun Egangiz Xudo Sixo‘nning yuragini tosh qilib, o‘jar qilib qo‘ygandi. Egamiz menga shunday dedi: “Men Sixo‘nni va uning yurtini sening qo‘lingga beryapman. Uning yurtini zabt eta boshla.” Sixo‘n butun xalqini boshlab, biz bilan jang qilgani Yaxaz shahriga chiqdi. Ammo Egamiz Xudo uni bizning qo‘limizga berdi. Sixo‘nni, uning jamiki xalqini, farzandlarini yo‘q qilib tashladik. Sixo‘nning hamma shaharlarini olib, birontasini ham qoldirmay vayron qildik. Erkaklari, ayollari va bolalaridan birontasini ham tirik qoldirmadik. Mag‘lub qilgan shaharlarimizdan faqat chorva va boyliklarni o‘zimizga o‘lja qilib oldik. Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan hamda soylikning o‘rtasidagi shahardan tortib, to Giladgacha bo‘lgan birorta shahar bizning kuch–qudratimizga dosh berolmadi. Chunki Egamiz Xudo hammasini bizning qo‘limizga bergan edi. Ammo biz Yavoq daryosi bo‘yidagi Ommon xalqining yerlariga va qirlardagi ularning shaharlariga hujum qilmadik. Chunki Egamiz Xudo bizga u yerlarni bosib olishni man qilgandi. Keyin biz Bashan o‘lkasiga yo‘l oldik. Bashan shohi O‘g o‘zining hamma lashkarini boshlab, Edrey shahri yaqinida biz bilan jang qilgani chiqdi. Shunda Egamiz menga dedi: “O‘gdan qo‘rqma. Men uning o‘zini, lashkarini va butun yurtini sening qo‘lingga berganman. Amor xalqining Xashbonda yashagan shohi Sixo‘nni nima qilgan bo‘lsang, uni ham shunday qilasan.” Egamiz Xudo Bashan shohi O‘gni ham hamma lashkari bilan birga bizning qo‘limizga berdi. Biz birorta tirik jon qoldirmay hammasini halok qildik. Uning hamma shaharlarini — oltmishta shahrini oldik. Bashandagi O‘gning shohligiga kirgan butun Argob hududini qo‘lga kiritdik, biz olmagan birorta ham shahar qolmadi. Bu mustahkam shaharlarning hammasi baland devorlar bilan o‘ralgan, darvozalari tambalangan edi. Bulardan tashqari, devor bilan o‘ralmagan ko‘p qishloqlar ham bor edi. Biz Xashbon shohi Sixo‘nning shaharlarini qanday vayron qilgan bo‘lsak, O‘gning shaharlarini ham shunday vayron qildik. Bu shaharlarni erkagu ayollari va bolalari bilan birga yo‘q qildik. Hamma chorva va shaharlardagi o‘ljani o‘zimizga oldik. Shunday qilib, o‘shanda biz Iordan daryosining sharq tomonida hukmronlik qilgan ikkala Amor shohini mag‘lub qildik. Janubdagi Arnon soyligidan to shimoldagi Xermon tog‘igacha cho‘zilgan yerlarini qo‘lga kiritdik. (Xermon tog‘ini Sidonliklar — “Siriyon”, Amor xalqi — “Sanir” deb atashadi.) Biz Bashanda hukmronlik qilgan shoh O‘gning butun shohligini, yassi tepalikdagi hamma shaharlarini, sharqdagi Salko va Edreygacha bo‘lgan butun Gilad va Bashan o‘lkalarini qo‘lga kiritdik. ( Rafa xalqidan birgina Bashan shohi O‘g tirik qolgan edi. Uning yotadigan o‘rni temirdan yasalgan bo‘lib, odatdagi o‘lcham bo‘yicha uzunligi to‘qqiz tirsak, kengligi esa to‘rt tirsak edi. Uning o‘rni hozir ham Ommon yurtining Rabba shahridadir.) Biz o‘sha yerlarni qo‘lga kiritdik. Shunda men Ruben va Gad qabilalariga Arnon soyligi bo‘yidagi Aror shahrining shimolidagi hududni, Gilad qirlarining yarmisini va atrofdagi qishloqlarni berdim. Manashe qabilasining yarmiga esa Giladning qolgan qismini va O‘gning shohligi bo‘lgan butun Bashanni berdim. (Bashan o‘lkasidagi Argob hududi Rafa xalqining yurti hisoblanardi. Manashe qabilasidan bo‘lgan Yovir butun Argob hududini qo‘lga kiritdi. Bu hudud Gashur va Maxo yurtlarigacha cho‘zilgan edi. Yovir bu joyga o‘zining nomini berdi. O‘sha joylar bugungacha Yovir qishloqlari deb ataladi.) Manashe qabilasining Moxir urug‘iga Giladni berdim. Ruben va Gad qabilalariga Giladdan to Arnon soyligigacha cho‘zilgan yerlarni berdim. Arnon soyligining o‘rtasi ikkovining chegarasi edi. Ularning yeri Ommon yurtining chegarasini tashkil qilgan Yavoq daryosigacha cho‘zilgan edi. Ularning g‘arbdagi yerlari esa Iordan daryosi bo‘ylab, shimoldagi Jalila ko‘lidan to janubdagi O‘lik dengizgacha va sharqdagi Fisgax tog‘ tizmasining yon bag‘irlarigacha cho‘zilgan edi. O‘shanda sizlarga shunday buyurdim: “Egangiz Xudo bu yerni sizlarga mulk qilib berdi. Hamma sipohlaringiz qurollanib, daryodan kechib o‘tsin. Ular birodarlaringiz bo‘lgan Isroil xalqini boshlab borsin. Faqat xotinlaringiz va farzandlaringiz men sizlarga bergan shaharlarda qolsin. Bilaman, mollaringiz juda ko‘p, ular ham shaharlaringizda qolaversin. Egamiz sizlarga tinchlik ato qilganday, birodarlaringizga ham tinchlik ato qilgandan keyin, ular Iordanning narigi tomonidagi, Egangiz Xudo berayotgan yerni egallab olgandan keyin, hammangiz men sizlarga bergan mana shu yerga qaytib kelsangiz bo‘ladi.” O‘shanda Yoshuaga aytdim: “Egang Xudo o‘sha ikkala shohni nima qilganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rding. Sen bosib o‘tadigan barcha shohliklarni ham Egamiz xuddi shunday ahvolga soladi. Ulardan qo‘rqma. Sizlar uchun jang qiladigan Egang Xudodir.” Shundan keyin men Egamga yolvordim: “Yo Egam Rabbiy! Men, qulingga, O‘z buyukliging va qudratingni endigina ko‘rsata boshlading. Sening ajoyibotlaringni, buyuk ishlaringni osmonda ham, yerda ham qila oladigan boshqa xudo yo‘q! Ijozat ber, men Iordan daryosidan o‘tay. Daryoning narigi tomonidagi hosildor yurtni, o‘sha chiroyli qirlarni va Lubnonni ko‘ray.” Lekin Egamiz sizlar tufayli mendan g‘azablangani uchun iltijolarimga quloq solmadi. U menga shunday dedi: “Bo‘ldi qil! Menga bu haqda boshqa gapirma. Fisgax tog‘ tizmasining cho‘qqisiga chiq, g‘arbga, shimolga, janubga va sharqqa qara. Yaxshilab qarab ol, chunki sen mana shu Iordan daryosidan kechib o‘tmaysan. Yoshuani xizmatga tayinla. Unga dalda berib, ruhlantir. Bu xalqni daryoning narigi tomoniga Yoshua boshlab boradi. Uning boshchiligida bu xalq sen ko‘radigan o‘sha yerni egallaydi.” Shunday qilib, biz Bayt–Piyor qarshisidagi vodiyda to‘xtadik. Endi, ey Isroil, men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalarni o‘rgataman. Ularga rioya qilinglar. Shunda yashaysizlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz sizlarga berayotgan yerni mulk qilib olasizlar. Men sizlarga aytayotgan amrlarga hech narsa qo‘shmanglar, hech narsa olib ham tashlamanglar. Men sizlarga berayotgan Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. Egamiz Piyor tog‘ida nimalar qilganini o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rdingizlar. Piyordagi Baalga sajda qilgan hammani Egangiz Xudo yo‘q qilgan edi. Egamiz Xudoga sodiq bo‘lganlar esa bugun ham tirikdir. Egam Xudo amr qilganday, sizlarga farmonlarni va qonun–qoidalarni o‘rgatdim. Mulk qilib olayotgan o‘sha yurtda bularga rioya qilinglar. Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar, toki sizlarning aql–idrokingizni boshqa xalqlar ko‘rsin. Ular bu qonunlar haqida eshitib: “Ha, haqiqatan bu buyuk xalq dono, aql–idroklidir”, deb aytsin. Egamiz Xudoga har safar iltijo qilganimizda U bizga yaqindir. Qaysi buyuk xalqning shunday xudosi bor?! Bugun men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalar beryapman. Qaysi buyuk xalqning shunday adolatli qonun–qoidalari bor?! Faqat hushyor bo‘linglar. Ko‘zlaringiz bilan ko‘rganlaringizni unutmay, bir umr yuragingizda saqlanglar. Bularni o‘g‘illaringizga, nevara–chevaralaringizga ham aytib beringlar. Sizlar Sinay tog‘ida, Egangiz Xudo oldida turgan kuningizni eslanglar. O‘sha kuni Egamiz menga aytgandi: “Mening huzurimga xalqni yig‘. Ular so‘zlarimni eshitib, yer yuzida butun umrlari davomida Mendan qo‘rqishni o‘rgansinlar, bolalariga ham o‘rgatsinlar.” Sizlar yaqin kelib, tog‘ning etagida turdingizlar. Tog‘ esa osmongacha ko‘tarilgan olovga burkanib, qop–qora bulutlar bilan qoplangan edi. Egamiz olov ichidan sizlarga gapirdi. Sizlar Uning so‘zlarini eshitdingizlar, qiyofasini esa ko‘rmadingizlar. Faqat Egamizning ovozi eshitilar edi, xolos. U O‘z ahdini sizlarga ayon qilib, bu ahdni — o‘nta amrni bajaringlar, deb farmon berdi. Egamiz ularni ikki tosh lavhaga yozdi. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda bajarishingiz kerak bo‘lgan farmonlar va qonun–qoidalarni men sizlarga o‘rgatishimni buyurdi. Sinay tog‘ida Egamiz olov ichidan sizlarga gapirganda, sizlar biron qiyofa ko‘rmadingizlar. Shuning uchun ehtiyot bo‘linglar. Yana yo‘ldan ozib, o‘zingizga erkak yo ayol qiyofasidagi butni, yerda yashaydigan jonivor yo osmonda uchib yuruvchi qush qiyofasidagi butni, yerda sudralib yuruvchi jonivor yoki suvdagi baliq qiyofasidagi hech qanday butni yasamanglar. Shuningdek, osmonga qarab, quyosh, oy va yulduzlarni, jamiki samoviy jismlarni ko‘rib vasvasaga tushmanglar, ularga sig‘inmanglar, xizmat qilmanglar. Egamiz Xudo bularni, boshqa hamma xalqlar sig‘insin, deb bergan. Sizlarni esa Egamiz Misrdan — temir o‘choq ichidan olib chiqdi. Sizlar bugungiday Uning xalqi bo‘lishingiz uchun sizlarni xalos qildi. Egamiz sizlarning dastingizdan mendan g‘azablandi: “Men Isroil xalqiga mulk qilib beradigan Iordanning narigi tomonidagi o‘sha hosildor yurtga sen kirmaysan”, — deb qasam ichdi. Men Iordanning narigi tomoniga o‘tolmayman, mana shu yerda vafot etaman. Sizlar esa Iordandan o‘tib, o‘sha hosildor yurtni mulk qilib olasizlar. Shunday ekan, ehtiyot bo‘linglar, Egangiz Xudo sizlar bilan qilgan ahdni esdan chiqarmanglar. U taqiqlagan qiyofadagi birorta butni o‘zlaringizga yasamanglar. Axir, Egangiz Xudo yamlamay yutadigan olovdir, U rashkchi Xudodir. O‘sha yurtda ko‘p yashaysizlar, bolalaringiz, nabiralaringiz tug‘iladi. Agar o‘shanda yo‘ldan ozsangiz, Egangiz Xudoning oldida qabihlik qilib, o‘zingizga turli qiyofadagi butlarni yasasangiz, U g‘azablanadi. Bugun sizlarga qarshi yeru osmonni guvoh qilaman: agar menga itoatsizlik qilsangiz, yurtdan tez orada butunlay qirilib ketasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda uzoq yashamaysizlar. Bittangiz qolmay halok bo‘lasizlar. Egamiz sizlarni boshqa xalqlarning orasiga tarqatib yuboradi. O‘sha xalqlar orasida ayrimlaringiz omon qolasizlar. U yerda inson qo‘li bilan yasalgan yog‘och va tosh xudolarga xizmat qilasizlar. U xudolar ko‘rolmaydi, eshitolmaydi, ovqat yeya olmaydi, hid bilmaydi. Ammo u yerda Egangiz Xudoga yuz bursangiz, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Uni izlasangiz, topasizlar. Kulfatda qolganingizda, boshingizga ko‘rgiliklar tushganda, oxiri Egangiz Xudoga qaytasizlar, Uning so‘ziga quloq solasizlar. O‘shanda U sizlarni tark etmaydi, yo‘q qilmaydi, ota–bobolaringiz bilan qasam ichib qilgan ahdini unutmaydi. Egangiz Xudo rahmdil Xudodir. Endi sizlar dunyoga kelmasdan oldingi uzoq o‘tmishni, Xudo yer yuzida odamni yaratgan davrdan shu kungacha bo‘lgan davrni surishtirib ko‘ringlar. Dunyoning bu chetidan u chetigacha so‘ranglar–chi, shu qadar muhim voqea bo‘lganmi yoki shunga o‘xshash narsa haqida birortasi eshitganmi?! Sizlarga o‘xshab olov ichidan gapirgan Xudoning ovozini eshitib, tirik qolgan birorta xalq bormi?! Egangiz Xudo sizlar uchun Misrda nimalar qilganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Qaysi xudo sinovlar, alomatu mo‘jizalar orqali, urush, qudratiyu ajoyibotlari va dahshatli voqealar orqali bir xalqni o‘zi uchun boshqa xalq orasidan olib chiqqan?! “Egamiz Xudodir, Undan boshqa Xudo yo‘q”, deb anglashingiz uchun bu voqealar sizlarga ayon qilingan. U sizlarga yo‘l–yo‘riq ko‘rsatish uchun osmondan ovoz berdi. Yer yuzida olov ustuni orqali sizlarga zohir bo‘ldi. Sizlar o‘sha buyuk olov ichidan Uning ovozini eshitdingizlar. Egamiz Xudo ota–bobolaringizni sevar edi. Shuning uchun o‘zlaridan keyin ularning avlodlarini tanladi. Egamiz zohir bo‘lib, O‘zining buyuk qudrati bilan sizlarni Misrdan olib chiqdi. Egamiz sizlardan kattaroq va kuchliroq xalqlarni oldingizdan haydab, ularning yurtiga sizlarni kiritmoqchi edi, xuddi bugungiday, mulk qilib oladigan yerlaringizni sizlarga bermoqchi edi. Egamiz yeru osmondagi Xudodir, Undan boshqa Xudo yo‘qdir. Shuni bugun tan olib, doimo yuragingizda saqlang. Bugun men sizlarga Egamizning farmonlari va amrlarini aytyapman, shularga rioya qilinglar. Shunda o‘zlaringiz ham, naslingiz ham farovon hayot kechirasizlar. Egangiz Xudo abadiy qilib berayotgan o‘sha yurtda uzoq yashaysizlar. Shundan keyin Muso Iordan daryosining sharq tomonida uchta shaharni ajratdi. Agar qotil odamni bilmasdan, adovatsiz o‘ldirgan bo‘lsa, o‘sha shaharlardan biriga qochib borib, jonini qutqarishi mumkin. Bu shaharlar quyidagilar edi: Ruben qabilasi uchun yassi tepalikdagi Bazer shahri, Gad qabilasi uchun Giladdagi Ramo‘t shahri, Manashe qabilasi uchun Bashandagi Go‘lon shahri. Muso Isroil xalqiga quyidagi qonunlarni berdi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, Muso shu shartlar, farmonlar va qonun–qoidalarni aytdi. Muso bularni Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘ida, Bayt–Piyor ro‘parasidagi vodiyda bayon qildi. Bu yer ilgari Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nga qarashli edi. Muso bilan Isroil xalqi Misrdan chiqqanlarida, Sixo‘nni mag‘lub qilgan edilar. Isroil xalqi Iordan daryosining sharqida yashagan ikkala Amor shohining yurtlarini, ya’ni shoh Sixo‘nning va Bashan shohi O‘gning yurtini bosib olgan edi. Bu joylar Arnon soyligi etagidagi Aror shahridan Siriyon tog‘igacha, ya’ni Xermon tog‘igacha cho‘zilgan edi. Shuningdek, Fisgax tog‘ tizmasining etagidagi O‘lik dengizgacha cho‘zilib, Iordan daryosining sharq tomonidagi butun Iordan vodiysini ham o‘z ichiga olgan edi. Muso jamiki Isroil xalqini bir joyga yig‘ib, ularga aytgan nutqini dovom ettirdi. Ey Isroil xalqi, eshitinglar! Bugun men sizlarga aytayotgan farmonlar va qonun–qoidalarga quloq solinglar. Bularni yod olib, bitta qoldirmay bajaringlar. Egamiz Xudo biz bilan Sinay tog‘ida ahd qildi. U nafaqat ota–bobolarimiz bilan, balki shu yerda turgan har bir odam bilan ahd qildi. Egamiz o‘sha tog‘da olov ichidan sizlar bilan yuzma–yuz gaplashdi. Men o‘shanda Egamiz bilan sizlarning orangizda turib, Uning gapini sizlarga aytib turdim. Chunki sizlar olovdan qo‘rqib, toqqa chiqmadingizlar. Egamiz shunday deb aytdi: “Men sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoman. Mendan boshqa xudolarga sajda qilmang. O‘zlaringizga hech qanday butni yasamang. Osmonda yo yerda yo yer ostidagi suvda mavjud bo‘lgan biror narsaning shaklini yasamang. O‘sha xudolar yoki butlarga sajda qilmang, xizmat qilmang. Men, Egangiz Xudo, sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham ko‘rmaydigan Xudoman. Mendan nafratlanadiganlarni jazolayman, ularning gunohlari oqibatlarini bolalariga, nabiralariga va chevaralariga olib kelaman. Lekin Meni sevib, amrlarimga rioya qiladiganlarning ming–ming avlodlariga sodiq sevgimni ko‘rsataman. Men, Egangiz Xudoning ismini suiiste’mol qilmang. Kim Mening ismimni suiiste’mol qilsa, o‘shani jazosiz qoldirmayman. Men, Egangiz Xudoning amriga ko‘ra, Shabbat kunini muqaddas deb biling, bu kunga rioya qilib yuring. Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun esa Men, Egangiz Xudoga atalgan Shabbat kunidir. O‘sha kuni hech qanday ish qilmanglar. O‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, molingiz, eshagingiz, birorta hayvoningiz, shahringizdagi musofirlar ham hech qanday ish qilishmasin. Qulu cho‘rilaringiz sizday dam olsin. Yodingizda tuting: sizlar Misrda qul edingiz, Men qudratim va ajoyibotlarim bilan sizlarni u yerdan olib chiqdim. Shuning uchun, Shabbat kuniga rioya qilinglar, deb amr etdim. Men, Egangiz Xudo amr etganimdek, ota–onangizni hurmat qiling. O‘shanda Men sizlarga berayotgan yurtda umringiz uzoq bo‘lib, baxtiyor yashaysiz. Qotillik qilmang. Zino qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Qo‘shningizga qarshi yolg‘on guvohlik bermang. Qo‘shningizning xotiniga ko‘z olaytirmang. Qo‘shningizning uyi, dalasi, quli yoki cho‘risi, moli yoxud eshagi, unga qarashli biror narsasiga ko‘z olaytirmang.” Egangiz bu amrlarni hammangizga o‘sha tog‘da olov, bulut va qorong‘ilik ichidan baland ovoz bilan aytdi, boshqa biron so‘z qo‘shmadi. So‘ngra U bu amrlarni ikkita tosh lavhaga yozib, menga berdi. Tog‘ olov bo‘lib yonayotganda, qorong‘ilik ichidan ovoz eshitdingiz. Shunda qabilalaringiz boshliqlari va oqsoqollari mening oldimga kelib, shunday deyishdi: “Mana, Egamiz Xudo ulug‘vorligini, buyukligini bizga ko‘rsatdi. Uning ovozini biz olov ichidan eshitdik. Bugun biz Xudoning inson zotiga gapirganini, ammo inson tirik qolganini ko‘rdik. Nima qilamiz endi jonimizni xavf ostiga qo‘yib?! Mana bu buyuk olov bizni yondirib tashlaydi–ku. Agar biz Egamiz Xudoning ovozini yana eshitsak, aniq o‘lamiz. Axir, olov ichidan gapiradigan barhayot Xudoning ovozini biz kabi eshitib, tirik qolgan inson bormi?! Endi sen bor, Egamiz Xudoning hamma so‘zlarini eshit. Keyin Uning har bir so‘zini bizga ayt. Biz quloq solib, bajaramiz.” Sizlar menga gapirganlaringizda, Egamiz so‘zlaringizni eshitib, shunday dedi: “Men bu xalqning senga aytgan so‘zlarini eshitdim, hamma aytganlari to‘g‘ri. Qaniydi, ularning yuraklari har doim shunday bo‘lsa, Mendan qo‘rqib, amrlarimni bajarishsa! Shunda o‘zlari ham, farzandlari ham to abad baxtli bo‘lishardi. Endi ularning oldiga borib: ‘Chodirlaringizga qaytinglar’, deb ayt. Sen esa shu yerda Mening yonimda qolasan. Men senga amrlar, farmonlar va qonun–qoidalar beraman. Sen bularni xalqqa o‘rgatasan. Men ularga mulk qilib beradigan yurtda hammasiga rioya qilishsin.” Endi o‘ngga ham, chapga ham og‘may, Egangiz Xudo sizlarga buyurgan amrlarga bitta qoldirmay rioya qilinglar. Egangiz Xudo amr etgan yo‘ldan yuringlar. Shunda yashaysizlar, baxtli bo‘lasizlar, mulk qilib oladigan yurtda uzoq umr ko‘rasizlar. Egangiz Xudo, xalqqa o‘rgatgin, deb menga bergan amrlar, farmonlar va qonun–qoidalar shulardan iboratdir. Iordanni kechib o‘tib, mulk qilib oladigan yurtda bularga rioya qilinglar. Men sizlarga beradigan farmon va amrlarga o‘zlaringiz, farzandlaringiz va nabiralaringiz, hammangiz rioya qilinglar. Bir umr Egangiz Xudodan qo‘rqinglar, shunda umringiz uzoq bo‘ladi. Ey Isroil xalqi, quloq soling, bularni bitta qoldirmay bajaring. Shunda ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz bergan va’daga ko‘ra, sut va asal oqib yotgan yurtda ko‘payasizlar, baxtiyor bo‘lasizlar. Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudo tanho Egadir. Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun vujudingiz bilan sevinglar. Bugun men sizlarga bergan bu amrlarni yuragingizda saqlanglar. Bularni bolalaringizga ham o‘rgatinglar. Uyda o‘tirganda ham, yo‘lda yurganda ham, yotganingizda ham, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. Bularni qo‘lingizga belgi qilib bog‘langlar, peshanangizga nishon qilib taqib olinglar. Eshigingiz kesakisiga, darvozalaringizga yozib qo‘yinglar. Egangiz Xudo ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq, Yoqubga qasam ichib, va’da qilgan yerga sizlarni olib kiradi. U sizlarga o‘zingiz qurmagan katta va chiroyli shaharlarni beradi. O‘zingiz to‘ldirmagan, boyliklarga to‘la uylarni, o‘zingiz qazimagan sardobalarni, siz ekmagan toklar va zaytunzorlarni beradi. O‘shanda yeb to‘yganlaringizdan keyin ehtiyot bo‘linglar! Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egamizni unutmanglar. Egangiz Xudodan qo‘rqinglar. Faqat Unga xizmat qilinglar. Yolg‘iz Uning nomi bilan qasam ichinglar. Begona xudolarga, atrofingizdagi xalqlarning xudolariga ergashmanglar. Axir, orangizdagi Egangiz Xudo rashkchi Xudodir. U g‘azablanib, sizlarni yer yuzidan yo‘qotib yuboradi. Massaxda qilganingizdek, Egangiz Xudoni sinamanglar. Uning amrlarini, farmon va shartlarini bitta qoldirmay bajaringlar. Egamiz to‘g‘ri va yaxshi deb bilgan ishlarni qilinglar. Shunda Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, va’da qilgan hosildor yurtni sizlar mulk qilib olasizlar, baxtiyor bo‘lasizlar. Egamiz O‘zi aytganidek, yurtingizda yashagan barcha dushmanlaringizni haydab chiqaradi. Kelajakda farzandlaringiz sizlardan: “Egamiz Xudo sizlarga bergan qonun–qoidalar, farmon va shartlarning ma’nosi nima?” deb so‘raydi. Ularga shunday deb javob beringlar: “Biz Misrda fir’avnning qullari edik. Egamiz O‘z qudrati bilan bizni Misrdan olib chiqdi. U bizning ko‘z oldimizda Misrga, fir’avn va uning butun xonadoniga buyuk, qo‘rqinchli alomatu mo‘jizalarni ko‘rsatdi. Ota–bobolarimizga ont ichib va’da qilgan yurtga bizni olib kirish uchun, o‘sha yurtni bizga berish uchun bizni Misrdan olib chiqdi. Egamiz Xudo: ‘Mana shu farmonlarning hammasiga rioya qilinglar, Mendan qo‘rqinglar, shunda bugungiday tirik bo‘lasiz, baxtli hayot kechirasiz’, dedi. Egamiz Xudoning oldida mana shu amrlarni bitta qoldirmay bajarsak, solih bo‘lamiz.” Egangiz Xudo sizlarni egalik qiladigan yurtingizga olib kiradi. O‘shanda U oldingizdan Xet, Girgosh, Amor, Kan’on, Pariz, Xiv, Yobus kabi yettita xalqni haydaydi. Ular sizlardan ko‘ra, ko‘proq va kudratliroqdir. Egangiz Xudo bu xalqlarni sizlarning qo‘lingizga topshirganda, sizlar ularni mag‘lub etasizlar. Shunda ularning hammasini tamomila qirib bitiringlar. Ular bilan ittifoq tuzmanglar, ularga rahm–shafqat qilmanglar. Ular bilan quda–andachilik qilmanglar, ularga qiz uzatmanglar, o‘g‘illaringizga ularning qizlaridan olib bermanglar. Aks holda ular farzandlaringizni Egamizdan qaytaradi. Farzandlaringiz boshqa xudolarga xizmat qiladigan bo‘ladi. O‘shanda Egamiz g‘azablanib, sizlarni bir lahzada halok qiladi. Aksincha, o‘sha xalqlarni sizlar shunday qilinglar: ularning qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga atalgan ustunlarni kesinglar, butlarini yondiringlar. Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. U sizlarni yer yuzidagi jamiki xalqlar orasidan O‘z xalqi, O‘z xazinasi qilib tanlab oldi. Egamiz sizlarni boshqa xalqlardan ko‘p bo‘lganingiz uchun sevib, tanlamadi. Sizlar boshqa hamma xalqlardan oz edingiz. Egamiz sizlarni sevgani uchun va ota–bobolaringizga bergan va’dasini ado etish uchun sizlarni tanladi. Shu bois U sizlarni Misr fir’avni hukmronligidan, Misrdagi qullikdan O‘z qudrati bilan olib chiqib, ozod qildi. Shunday qilib, Egangiz Xudo haqiqiy Xudo ekanini bilib qo‘yinglar. U sodiq Xudodir! Uni sevadigan, Uning amrlarini bajaradiganlarning minginchi avlodigacha ahdini sodiq saqlaydi. Xudodan nafratganlarning esa qilmishlariga yarasha boshlariga kulfat yog‘diradi. Ha, Egamiz Undan nafratlanganlarga javob berishda kechikmaydi. Shuning uchun bugun men sizlarga berayotgan amrlarni, farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar. Agar mana shu qonun–qoidalarga itoat etib, ularni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudo ham ota–bobolaringizga ont ichib, va’da qilgan ahdini sizlar bilan sodiq saqlaydi. U sizlarni sevadi, ota–bobolaringizga beraman, deb ont ichgan yurtda sizlarni barakali qilib ko‘paytiradi. Avlodingizga, yeringiz hosiliga, doningizga, sharobingizga, moyingizga, podangizu suruvlaringizga baraka beradi. Sizlar barcha xalqlar orasida eng barakalisi bo‘lasizlar, orangizda farzandsiz erkak ham, ayol ham bo‘lmaydi, mollaringiz orasida qisiri bo‘lmaydi. Egamiz sizlarni har qanday kasallikdan saqlaydi. Misrda o‘zlaringiz ko‘rgan har xil qo‘rqinchli xastaliklar sizlarning boshingizga kelmaydi. O‘sha xastaliklarni Egamiz sizlarning g‘animlaringizga yuqtiradi. Egangiz Xudo sizlarning qo‘lingizga topshiradigan barcha xalqlarni qirib yuboringlar, ularga rahm qilmanglar, ularning xudolariga sig‘inmanglar. Aks holda ularning xudolari sizlarga tuzoq bo‘ladi. Xayolingizda: “Bu xalqlar bizdan juda kuchli–ku, qanday qilib ularni haydaymiz?”, deb o‘ylashingiz mumkin, ammo ulardan qo‘rqmanglar. Egangiz Xudo fir’avnni, butun Misrni nima qilganini esingizda tutinglar. Egangiz Xudo O‘z qudrati va ajoyibotlari bilan sizlarni u yerdan olib chiqdi, buyuk sinovlar, alomatu mo‘jizalar ko‘rsatdi. Bularni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Siz qo‘rqayotgan hamma xalqlarni Egangiz Xudo xuddi o‘sha ahvolga soladi. Hatto sizlardan yashirinib tirik qolganlarni U vahimaga solib, arilar galasi singari quvadi. Ulardan qo‘rqmanglar. Orangizdagi Egangiz Xudo buyuk va haybatli Xudodir. U o‘sha xalqlarni sizlarning oldingizdan oz–ozdan haydaydi. Sizlar ularni birdaniga halok qilolmaysizlar. Bo‘lmasa atrofingizda yovvoyi hayvonlar ko‘payib ketadi. Egangiz Xudo o‘sha xalqlarni sizlarning qo‘lingizga beradi, ularning hammasini qattiq sarosimaga solib, halok qiladi. Shohlarini ham sizlarning qo‘lingizga beradi. Sizlar ularning nomlarini yer yuzidan o‘chirasizlar. Hech kim sizlarga bas kelolmaydi, ularning hammasini halok qilasizlar. Xudolarining tasvirlarini olovda yondiringlar, ularni qoplagan oltinu kumushlarga ko‘z olaytirmanglar, o‘sha narsalarni olmanglar, toki ular sizlarga tuzoq bo‘lmasin. Bu butlar Egangiz Xudoga jirkanchdir. Bu jirkanchli narsalarni uyingizga olib kirmang, aks holda o‘shalar singari yo‘q qilinasiz. O‘sha narsalardan nafratlaninglar, jirkaninglar, chunki ular la’natlangandir. Bugun men sizlarga berayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar, shunda yashaysizlar, ko‘payasizlar. Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, beraman, deb va’da qilgan yurtga kirasizlar. O‘sha yurtni mulk qilib olasizlar. Egangiz Xudo qirq yil davomida sizni sahrodan olib yurdi, o‘sha uzoq safarni yodingizda tutinglar. Egamiz yuragingizda nima borligini, Uning amrlarini bajarishingizni yoki bajarmasligingizni bilishi uchun, sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi. U sizlarni och qoldirdi, so‘ng o‘zlaringiz ko‘rmagan, ota–bobolaringiz ham ko‘rmagan manna bilan qorningizni to‘ydirdi. Egamiz sizlarga inson faqat non bilan emas, balki Xudoning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan hayot ekanini o‘rgatish uchun shunday qildi. Mana shu qirq yil davomida kiyimlaringiz eskirib ketmadi, oyog‘ingiz ham shishmadi. Endi shuni bilinglarki, inson farzandini qanday tarbiyalasa, Egangiz Xudo ham sizlarni shunday tarbiyalaydi. Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. U ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar. Undan qo‘rqinglar. U sizlarni hosildor yurtga olib boradi, u yerda irmoqlar, buloqlar, vodiy va qirlarda yer ostidan chiqadigan suvlar bor. Bug‘doy, arpa, uzum, anjir, anor, zaytun moyi va asal o‘sha yurtda mo‘ldir. U yerda to‘yib non yeysizlar, hech narsaga muhtoj bo‘lmaysizlar. U yer shunday bir yurtki, qoyalardan temir, qirlaridan mis chiqarasizlar. O‘sha yerda yeb to‘yganingizda, sizlarga bergan hosildor yurt uchun Egangiz Xudoni olqishlanglar. Hushyor bo‘linglar, men bugun sizlarga aytayotgan Egamizning amrlarini, farmonlar va qonun–qoidalarini bajarmay qo‘ymanglar. Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. Yeb, to‘yganingizda, chiroyli uylar qurib, joylashganingizda, mol, qo‘ylaringiz, oltin–kumushingiz va barcha mulkingiz ko‘payganda, gerdayib ketmanglar. Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. U sizlarni zaharli ilonlar, chayonlarga to‘la o‘sha bahaybat va qo‘rqinchli sahrodan, suvsiz, taqir joylardan olib o‘tdi. U yerda sizlar uchun qoyadan suv chiqardi. Ota–bobolaringiz bilmagan manna bilan sahroda qorningizni to‘yg‘izdi. Oqibatda sizlarga yaxshilik keltirish uchun, sizlarni qiynchiliklarga duchor qilib, sinadi. Xayolingizda: “O‘z kuch–qudratim bilan mana shu boylikni topdim”, demanglar. Ammo Egangiz Xudoni doimo yodingizda tutinglar. Zero, boylikni topishga kuch bergan Egangizdir. Shunday qilib, U ota–bobolaringiz bilan qasam ichib, qilgan ahdini bugun bajarmoqda. Bugun men sizlarni jiddiy ogohlantiryapman. Agar Egangiz Xudoni unutib boshqa xudolarga ergashsangizlar, ularga xizmat qilib, sig‘insangizlar sizlar albatta yo‘q bo‘lasizlar. Egangiz Xudo boshqa xalqlarni oldingizdan yo‘q qilgani kabi, Uning amrlariga quloq solmaganingiz uchun, sizlarni ham yo‘q qiladi. Quloq sol, ey Isroil! Bugun Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tasizlar. O‘zlaringizdan ko‘proq va kuchliroq bo‘lgan xalqlarning yerlarini mulk qilib olasizlar. Ularning ulkan shaharlari osmon o‘par devorlar bilan o‘ralgan. O‘sha kuchli, bo‘yi baland xalq Inoq avlodidandir. Ularni o‘zlaringiz bilasizlar, “Inoq avlodiga kim ham bas kela olardi?!” degan gaplarni eshitgansizlar. Bugun shuni bilib qo‘yinglarki, Egangiz Xudo yamlamay yutadigan olovday sizlarning oldingizda boradi. Xudo Inoq avlodini mag‘lub qilib, sizlarga itoat ettiradi. Shunda Egamiz bergan va’daga ko‘ra, ularni bir lahzada quvib, yo‘q qilasizlar. Egangiz Xudo ularni sizlarning oldingizdan haydaganda, o‘zingizcha: “ Egam solihligim uchun bu yerni menga berdi”, deb aytmanglar. Bu xalqlar fosiq bo‘lgani uchun Egamiz ularni sizlarning oldingizdan haydayapti. Sizlar solihligingiz uchun, yuragingiz to‘g‘ri bo‘lgani uchun ularning yeriga borib egalik qilmayapsizlar. Yo‘q! Bu xalqlarning fosiqligi tufayli Egamiz ularni oldingizdan haydayapti. Shu yo‘l bilan otalaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga Egamiz ont ichib bergan va’dasini bajaradi. Shuni bilib qo‘yinglarki, Egangiz Xudo bu hosildor yurtni sizlarga solih bo‘lganingiz uchun bermayapti. Sizlar solih emas, o‘jar xalqsiz. Egangiz Xudoni sahroda qanchalar g‘azablantirganingizni yodingizda tutinglar, aslo unutmanglar. Misrdan chiqqan kundan boshlab, mana shu yerga yetib kelguningizcha Egamizga qarshilik qilib keldingizlar. Sinay tog‘ida ham Egamizning g‘azabini keltirganingizda, U shunday g‘azablandiki, sizlarni yo‘q qilib yuboray, dedi. Men tosh lavhalarni, ya’ni Egamiz sizlar bilan qilgan ahd lavhalarini olgani toqqa chiqdim. Qirq kechayu qirq kunduz tog‘da bo‘ldim, u yerda na non yedim, na suv ichdim. Egamiz menga O‘z qo‘li bilan yozgan ikkita tosh lavhani berdi. Tog‘da yig‘ilgan kuningiz Egamiz sizlarga olov ichidan aytgan amrlarning hammasi tosh lavhalarga yozilgan edi. Kirq kechayu qirq kunduzdan keyin Egamiz menga ahd so‘zlari yozilgan ikkita tosh lavhani berdi. Keyin Egamiz menga: “Qani bo‘l, bu yerdan tez pastga tush! O‘zing Misrdan boshlab olib chiqqan xalq yo‘ldan ozdi. Men sizlarga amr qilgan yo‘ldan darrov toyib, o‘zlariga but yasadi”, — dedi. Egamiz menga yana shunday dedi: “Bu xalq haqiqatan ham o‘jar ekanligini ko‘rib turibman. Endi Meni to‘xtatma. Hammasini halok qilaman, ularning nomini yer yuzidan o‘chiraman. Ulardan ham ko‘proq, kuchliroq xalqni sendan yarataman.” Men tog‘dan qaytib tushdim. Tog‘ olov bo‘lib yonar, ikkala ahd lavhasini qo‘llarimga ko‘tarib olgan edim. Qarasam, sizlar Egangiz Xudoga qarshi gunoh qilibsizlar, o‘zlaringizga buzoq shaklidagi butni yasab olibsizlar. Birpasda Egamiz sizlarga amr qilgan yo‘ldan toyibsizlar. Shunda qo‘llarimdagi ikkala tosh lavhani otib yubordim. Ularni ko‘z oldingizda sindirdim. Egamiz oldida yuz tuban muk tushib, oldingiday qirq kechayu qirq kunduz non yemay, suv ichmay iltijo qildim, chunki sizlar gunoh qilgan edingizlar. Egamiz oldida qabih ish qilib, Uni g‘azablantirgan edingizlar. Egamiz g‘azablanib, sizlarni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Men Uning g‘azabidan qo‘rqdim. Lekin Egamiz bu safar ham mening iltijolarimga quloq soldi. Egamiz Horundan ham g‘azablanib, uni halok qilmoqchi bo‘ldi, lekin men o‘shanda Horun uchun ham Egamizga yolvordim. Sizlar butni yasab gunoh qildingiz, shuning uchun men butni olovda yondirdim. Tuproqday maydalab ezib, kukunini tog‘dan oqib tushayotgan irmoqqa tashlab yubordim. Sizlar Taverada ham, Massax va Xivrut–Xattavoda turganingizda ham Egamizni g‘azablantirgan edingiz. Egamiz sizlarni Kadesh–Barnadan jo‘natganda ham, sizlarga: “Boringlar, Men sizlarga beradigan yerni mulk qilib olinglar”, deb amr qilganda, sizlar Egangiz Xudoning amriga qarshilik qildingizlar. Unga ishonmadingizlar, quloq solmadingizlar. Men sizlarni taniganimdan buyon, sizlar Egamizga qarshi bosh ko‘tarasizlar. Egamiz sizlarni halok qilmoqchi bo‘lgani uchun, Men Egamiz oldida o‘sha qirq kechayu qirq kunduz muk tushib ibodat qilganimda shunday deb yolvorgan edim: “Ey Egamiz Rabbiy! Xalqingni halok qilma. Axir, ular Sening mulking–ku! Sen ularni buyuk kuching bilan qutqarib, qudrating bilan Misrdan olib chiqqansan. Qullaring Ibrohim, Is’hoq va Yoqubni yodingda tut, bu xalqning o‘jarligi, fosiqligi va gunohiga e’tibor berma. Aks holda Misrliklar shunday deydi: ‘Anavi xalqning Egasi va’da qilgan yeriga ularni olib kirolmabdi. U O‘zining xalqini yomon ko‘rar ekan, shuning uchun ularni sahroda nobud qilish maqsadida Misrdan olib chiqqan ekan!’ Axir, ularni buyuk kuching va ajoyibotlaring bilan Misrdan O‘zing olib chiqqansan, ular Sening xalqingdir.” Shundan keyin Egamiz menga dedi: “Ikkita tosh lavhani kesib ol. Ular oldingilariga o‘xshagan bo‘lsin. Keyin toqqa Mening oldimga chiq. Yana yog‘ochdan bir sandiq yasa. Men o‘sha tosh lavhalarga sen sindirgan lavhalardagi amrlarni yozaman. Sen lavhalarni sandiqqa solib qo‘yasan.” Shunday qilib, men akas yog‘ochidan sandiq yasadim, oldingisiga o‘xshagan ikkita tosh lavhani kesib oldim. Keyin ikkala toshni ko‘tarib, toqqa chiqdim. Egamiz tosh lavhalarga oldingiday o‘nta amrni yozdi. Sizlar tog‘da yig‘ilganingizda o‘sha amrlar Egamiz olov ichidan sizga aytgan so‘zlarning o‘zginasi edi. Egamiz o‘sha lavhalarni menga berdi. Men tog‘dan qaytib tushdim. Egamizning amriga ko‘ra, lavhalarni sandiqqa soldim. Lavhalar hali ham o‘sha sandiqda turibdi. ( Isroil xalqi Yaqon urug‘iga qarashli quduqlardan Mosaraxga yo‘l oldi. Horun o‘sha yerda vafot etib, dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Elazar ruhoniy bo‘ldi. Isroil xalqi u yerdan Gudgodaxga, Gudgodaxdan oqar suvlar o‘lkasi Yotbotoga borishdi. Egamiz: “Mening ahd sandig‘imni ko‘tarib yursin, Mening huzurimda xizmat qilsin, Mening ismim bilan odamlarni duo qilsin”, deb o‘shanda Levi qabilasini tanlab olgan edi. Ular bugungacha ham shu xizmatni ado etib kelmoqdalar. Shuning uchun Levi qabilasiga birodarlari orasidan ulush ham, mulk ham berilmagan. Zotan Levi qabilasining ulushi Egamizning O‘zidir. Bu gapni Egangiz Xudoning O‘zi aytdi.) Men yana oldingiday tog‘da qirq kechayu qirq kunduz qoldim. Egamiz bu safar ham mening iltijoimni eshitib, sizlarni halok qilmaydigan bo‘ldi. U menga shunday dedi: “Qani, xalqni boshla. Ularni Men ota–bobolariga qasam ichib va’da bergan yurtga olib bor. Ular o‘sha yurtga borib, uni qo‘lga kiritishsin.” Ey Isroil xalqi! Egangiz Xudo sizlardan bitta narsani talab qiladi: Egangiz Xudodan qo‘rqing, Uning yo‘lidan yuring, Egangiz Xudoni seving, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Unga xizmat qiling. Men bugun sizlarga berayotgan Egamizning amru farmonlariga rioya qiling, shunda baxtiyor bo‘lasiz. Osmon va falak toqi, yer yuzi va undagi hamma narsa Egangiz Xudonikidir. Ammo Egamiz faqatgina ota–bobolaringizga qattiq muhabbat qo‘ydi. Mana bugun ko‘rib turganingizday, ularning avlodini, sizlarni barcha xalqlar orasidan tanlab oldi. Yuraklaringizni sunnat qilinglar, bundan keyin o‘jar bo‘lmanglar. Egangiz Xudo xudolarning Xudosidir, egalarning Egasidir, buyuk qudratli, qo‘rqinchli Xudodir. U tarafkashlik qilmaydi, pora olmaydi. Yetim va bevalarga adolat qiladi, musofirga mehribonlik qiladi, ularga non va kiyim beradi. Sizlar ham musofirlarga mehribon bo‘linglar, o‘zlaringiz ham Misrda musofir edingizlar. Egangiz Xudodan qo‘rqinglar. Yolg‘iz Unga sajda qilinglar, Unga sodiq bo‘lib, Uning nomi bilan qasam ichinglar. Faqat Unga hamdlar aytinglar, chunki U sizlarning Xudoyingizdir. Sizlar o‘z ko‘zingiz bilan Uning buyuk va qo‘rqinchli alomatlarini ko‘rdingiz. Misrga borgan ota–bobolaringiz yetmish kishi edi, xolos. Endi esa Egangiz Xudo sizlarni osmondagi yulduzlar kabi son–sanoqsiz qildi. Egangiz Xudoni sevinglar. Har doim Uning amrlariga, qonun–qoidalariga va farmonlariga rioya qilinglar, talablarini bajaringlar. Shuni unutmanglarki, bolalaringiz emas, sizlar Egangiz Xudoning tarbiyasini olgansizlar. Farzandlaringiz Egamizning buyukligini, qudrati va ajoyibotlarini ko‘rmagan. Egamiz Misr fir’avniga va uning butun yurtiga qilgan mo‘jizalaru ishlarini ular bilmaydi. Orqangizdan quvayotgan Misr lashkarini, ot–aravalarini Egamiz Qizil dengizga cho‘ktirib, tamomila yo‘q qilganini bolalaringiz ko‘rmagan. Shu yerga yetib kelguningizcha sahroda Egamiz sizlarga nimalar qilganini ular bilmaydilar. Ruben qabilasidan Eliyobning o‘g‘illari Datan va Aburamni Egamiz nimalar qilganini bilmaydilar. Butun Isroil xalqining ko‘z o‘ngida yer yorilib ularni, oilalarini, chodirlarini, ularga qarashli barcha jonivorlarni yutib yuborganini bolalaringiz ko‘rmagan. Egamizning qilgan barcha buyuk ishlarni bolalaringiz emas, sizlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Shunday ekan, Men bugun sizlarga berayotgan amrlarning hammasiga rioya qilinglar. Shunda kuchli bo‘lasizlar. Iordan daryosidan kechib, mulk qilib oladigan yurtni qo‘lga kiritasizlar. Egamiz ota–bobolaringizga va ularning avlodiga qasam ichib, va’da bergan sut va asal oqib yotgan yurtda uzoq yashaysizlar. Sizlar kirib mulk qilib olayotgan bu yer o‘zlaringiz chiqqan Misr yurtiday emas. Misrda sabzavot urug‘ini o‘zlaringiz ekib, o‘zlaringiz sug‘orar edingizlar. Sizlar Iordanni kechib o‘tib, mulk qilib oladigan yurtdagi qirlaru vodiylarni esa osmon yomg‘iri sug‘oradi. Egangiz Xudoning O‘zi uni parvarish qiladi. Yil boshidan oxirigacha Egangiz Xudoning ko‘zi doim o‘sha yurtdadir. Bugun men sizlarga berayotgan amrlarga quloq solinglar, Egangiz Xudoni sevinglar, Unga butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan xizmat qilinglar. Shunda U yeringizga kuz va bahor yomg‘irini o‘z vaqtida yog‘diradi. Doningizni, sharobingizni va zaytun moyingizni yig‘ib olasiz. Egamiz dalalaringizda chorvangiz uchun o‘t o‘stiradi, sizlarning rizqingiz ham but bo‘ladi. Ammo ehtiyot bo‘linglar! Yana vasvasaga tushib, yo‘ldan ozmanglar. Boshqa xudolarga xizmat qilib, sig‘inmanglar. Aks holda Egamiz sizlardan g‘azablanib, osmonni yopib qo‘yadi, yomg‘ir yog‘maydi, yer hosil bermaydi. Natijada Egamiz sizlarga mulk qilib berayotgan yaxshi yurtdan tez qirilib ketasizlar. Mening bu so‘zlarimni yuragingiz va qalbingizda saqlanglar. Bularni qo‘lingizga belgi qilib bog‘langlar, peshanangizga nishon qilib taqib olinglar. Bularni bolalaringizga o‘rgatinglar. Uyda o‘tirganda ham, yo‘lda yurganda ham, yotganingizda, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. Eshigingiz kesakisiga, darvozalaringizga yozib qo‘yinglar, toki Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, mulk qilib beraman, deb va’da qilgan yurtda o‘zlaringiz ham, farzandlaringiz ham uzoq umr ko‘ringlar. Osmon yer ustida qancha tursa, o‘sha yurtda shuncha yashanglar. Men bugun sizlarga aytayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudoni sevsangiz, Uning yo‘lidan yursangiz, Unga sodiq bo‘lsangiz, Egamiz bu yurtdagi xalqlarning hammasini sizlarning oldingizdan haydaydi. Sizlar o‘zingizdan ko‘proq va qudratliroq xalqlarning yurtlarini egallab olasiz. Oyog‘ingiz tekkan har qanday yer sizniki bo‘ladi. Chegarangiz janubdagi sahrodan to shimoldagi Lubnongacha, sharqdagi Furot daryosidan to g‘arbdagi O‘rta yer dengizigacha cho‘ziladi. Sizlarga hech kim bas kela olmaydi. Egangiz Xudo sizlarga va’da berganday, qadamingiz yetib borgan yerdagi hammani sizlardan qo‘rqadigan, vahimaga tushadigan qilib qo‘yadi. Mana bugun men sizlarga barakani yoki la’natni tanlang, deyapman. Men bugun sizlarga aytayotgan Egangiz Xudoning amrlarini bajarsangiz, baraka topasiz. Bordi–yu, Uning amrlariga quloq solmasangiz, bugun sizlarga buyurayotgan yo‘ldan ozsangiz, oldin bilmagan xudolarga ergashsangiz, la’nati bo‘lasiz. Egangiz Xudo o‘zlaringizga mulk qilib berayotgan yerga sizlarni olib kirganda, Garizim tog‘idan barakalarni aytinglar, Ebal tog‘idan la’natlarni aytinglar. Bu ikkala tog‘ Iordanning kunbotar tomonida joylashgan. Ular Iordan vodiysida yashaydigan Kan’onliklar yurtida, Gilgal yaqinida, Mo‘redagi emanzor yonidadir. Iordandan kechib o‘tib, Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib beradigan yurtni olasizlar. U yerni qo‘lga kiritib joylashib olganingizda, men bugun sizlarga aytayotgan Uning hamma farmonlari va qonun–qoidalarini bitta qoldirmay bajaringlar. Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz sizlarga mulk qilib berayotgan yurtda bajarishingiz lozim bo‘lgan farmonlar va qonun–qoidalar quyidagilardan iboratdir. Bularni bitta qoldirmay bajaringlar. Sizlar boradigan yurtdagi xalqlar boshqa xudolarga sig‘inadi. Ularning yurtini qo‘lga kiritganingizdan keyin tog‘ cho‘qqilaridagi, qirlardagi va har bir yashil daraxt ostidagi sajdagohlarini buzib, yo‘q qilinglar. Qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga atalgan ustunlarni yondiringlar, butlarini chopib tashlab, xudolarining nomini u yerdan yo‘q qilinglar. Egangiz Xudoga o‘sha xalqlar singari sajda qilmanglar. U ulug‘lanishi uchun barcha qabilalaringiz orasidan O‘ziga bir joy tanlaydi. Sizlar o‘sha joyda Unga sajda qilinglar. U yerga kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni, ushrlaringizni, ehsonlaringizni, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan nazrlaringizni, ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonliklaringizni, mol–qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalarini olib boringlar. U yerda, Egangiz Xudoning huzurida oilalaringiz bilan yeb, Egangiz Xudo hamma ishingizga bergan barakadan sevininglar. U yerda biz hozir qilayotgan ishlarni qila ko‘rmanglar. Bu yerda hamma ko‘ngliga ma’qul kelganini qilyapti. Chunki Egangiz Xudo sizga mulk qilib beradigan yerga hali kirmadingiz, osoyishta hayotga erishmadingiz. Ammo ko‘p o‘tmay sizlar Iordan daryosidan o‘tasizlar, Egangiz Xudo mulk qilib beradigan yurtda joylashasizlar. U dushmanlaringizni yengib, sizlarga har tarafdan osoyishtalik ato qiladi, sizlar xavf–xatarsiz yashaysizlar. Shunda Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga men amr qilgan nazru qurbonliklaringizni olib boringlar. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklaringizni, ushrlaringizni, ehsonlaringizni, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan a’lo nazrlaringizni Egamizga atab, o‘sha yerga olib boringlar. Egangiz Xudo huzurida o‘zlaringiz, o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, shahringizdagi Levi qabilasidan bo‘lganlar bilan xursandchilik qilinglar. Chunki levilarning siznikiga o‘xshagan ulushi ham, mulki ham yo‘qdir. Ehtiyot bo‘linglar, kuydiriladigan qurbonligingizni duch kelgan joyda qilavermanglar. Ularni faqat Egamiz qabilalaringiz orasidan tanlagan joyda qilinglar. Men sizlarga amr qilganning hammasini o‘sha yerda ado etinglar. Bordi–yu, go‘sht yemoqchi bo‘lsangiz, hayvonni istagan paytingizda, Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha, xohlagan shahringizda so‘yib, yeyishingiz mumkin. Odam pok bo‘lsa ham, harom bo‘lsa ham, kiyik va ohu go‘shtini yeganday, bu go‘shtdan yeyaversin. Faqat qonni iste’mol qilmanglar, uni suvday yerga to‘kib tashlanglar. Nazru qurbonliklaringizni shaharlaringizda yemanglar. Doningiz, sharobingiz va zaytun moyingizning o‘ndan bir qismini, mol, qo‘yingizning birinchi tug‘ilgan bolasini, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan nazrlaringizni, ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonliklaringizni, ehsonlaringizni faqat Egangiz Xudo tanlagan joyda yenglar. Bularni Uning huzurida o‘g‘lingiz, qizingiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, shahringizdagi levilar bilan birga yeb, Egangiz Xudo ishingizga bergan barakadan sevininglar. Yurtingizda yashar ekansiz, ehtiyot bo‘linglar, levilarni unutib qo‘ymanglar. Egangiz Xudo sizlarga bergan va’daga ko‘ra, yerlaringizni kengaytiradi. Shunda ko‘nglingiz go‘shtni tusab: “Go‘sht yegim kelyapti”, deb aytsangiz, xohlaganingizcha go‘sht yeysiz. Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joy sizlar turgan joydan uzoqda bo‘lsa, men buyurganimday, U sizlarga bergan mol yoki qo‘ylardan so‘yib, shahringizda xohlaganingizcha go‘sht yesangiz bo‘ladi. Pok yoki harom odam bu go‘shtni ohu yoki kiyik go‘shtini yeganday tanovul qilaversin. Qonni esa aslo iste’mol qilmanglar, chunki qon jondir, jonni go‘sht bilan birga yemanglar. Qonni iste’mol qilmay, suv singari yerga to‘kib tashlanglar. Sizlar ham, farzandlaringiz ham, qonni iste’mol qilmanglar, shunda baxtiyor bo‘lasizlar. Egamizning oldida ma’qul ish qilgan bo‘lasizlar. Egamizga atagan ehsonlaringizni va va’da qilgan nazrlaringizni U tanlagan joyga olib boringlar. Kuydiriladigan qurbonliklaringizni, ularning qonini, go‘shtini Egangiz Xudoning qurbongohida keltiringlar. Boshqa qurbonliklaringizning qonini ham Egangiz Xudoning qurbongohi yoniga to‘kinglar, go‘shtini esa yesangiz bo‘ladi. Men berayotgan bu amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Shunda o‘zlaringiz ham, sizlardan keyingi farzandlaringiz ham to abad baxtli bo‘lasizlar. Negaki, Egangiz Xudoning oldida to‘g‘ri, yaxshi ishlarni qilgan bo‘lasizlar. Sizlar yurtga kirib, u yerdagi xalqlarga hujum qilganingizda, Egangiz Xudo ularni yo‘q qiladi. Sizlar ularning yerlariga joylashasizlar. Shunda ehtiyot bo‘linglar, ularning udumlarini qilib, tuzoqqa tushib qolmanglar. “Bu xalqlar xudolariga qanday xizmat qilgan ekan–a?! Men ham ularday qilaman”, deb ularning xudolari haqida surishtirmanglar. Ularga xos usul bilan Egangiz Xudoga sig‘inmanglar. Ular Egamiz nafratlanadigan har bir jirkanch ishni qiladilar. Hatto o‘g‘illarini, qizlarini xudolariga qurbonlik qilib, olovda yondiradilar. Men sizlarga bergan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Bu amrlarga hech narsa qo‘shmanglar ham, olib tashlamanglar ham. Agar orangizda biror payg‘ambar yoki tush ta’birlovchi paydo bo‘lib: “Alomat yoki mo‘jiza ko‘rsataman”, deb aytsa, uning aytganlari bajo bo‘lsa, keyin u: “Yur, sen bilmagan boshqa xudolarga ergashaylik, ularga xizmat qilaylik”, desa, o‘sha payg‘ambar yoki tush ta’birlovchining so‘zlariga quloq solmanglar. Egangiz Xudo: “Qani bilay–chi, ular butun qalbi bilan, jonu dili bilan Meni sevadimi yoki yo‘qmi”, deb sizlarni sinayotgan bo‘ladi. Sizlar faqatgina Egangiz Xudoga ergashinglar. Undan qo‘rqinglar, Uning amrlariga itoat etinglar. Egamizga quloq solinglar, Unga xizmat qilinglar, Unga sodiq bo‘linglar. Egangiz Xudo sizni Misr yurtidan olib chiqqan, Misrdagi qullikdan ozod qilgan. O‘sha payg‘ambar yoki tush ta’birlovchi esa sizni Xudoyingizdan yuz o‘girtirishga harakat qildi. Egangiz Xudo amr qilgan yo‘ldan sizni ozdirmoqchi bo‘ldi. Shuning uchun uni o‘ldiringlar. Orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. Hatto aka–ukangiz yoki o‘g‘lingiz, qizingiz, sevikli xotiningiz yo jonajon do‘stingiz sizni yashirincha o‘zingiz bilmagan, ota–bobolaringiz ham bilmagan begona xudolarga sajda qilishga undashi mumkin. Atrofingizda yashayotgan uzoq–yaqindagi, yerning bu chetidan narigi chetigacha o‘rnashgan xalqlarning xudolariga sig‘inishga undashi mumkin. Ammo sizlar rozi bo‘lmanglar. Bunday odamga quloq solmanglar, unga rahm–shafqat qilmanglar, uning yonini olmanglar. Uni o‘ldiringlar. Birinchi bo‘lib sen, keyin butun xalq unga tosh otsin. Uni toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar. Chunki u sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudodan yuz o‘girishga undadi. Bu voqeani Isroil xalqi eshitib qo‘rqadi, bundan keyin orangizda bunday qabihlik qilinmaydi. Egangiz Xudo sizlarga yashash uchun berayotgan shaharlarning birortasida manfur odamlar chiqib, ular shahar ahlini: “Yuringlar, o‘zlaringiz bilmagan boshqa xudolarga xizmat qilaylik”, deb yo‘ldan urganini eshitsangiz, so‘rab surishtiringlar, yaxshilab tekshiringlar. Bu jirkanch voqea haqiqatan yuz bergan bo‘lib, eshitganlaringiz rost bo‘lib chiqsa, o‘sha shaharning butun aholisini, hayvonlarigacha qilichdan o‘tkazinglar. Shaharni va undagi hamma narsani butunlay vayron qilinglar. O‘ljalarni maydon o‘rtasiga yig‘inglar. Shaharni va u yerdagi hamma o‘ljani Egangiz Xudoga bag‘ishlab, yondirib tashlanglar. U joy abadiy vayronaga aylansin, hech qachon qayta tiklanmasin. Yondiriladigan narsalardan hech birini o‘zingizga olmanglar. Shunda Egamiz g‘azabidan tushadi, sizlarga mehr–shafqat ko‘rsatadi, rahm qiladi, ota–bobolaringizga qasam ichib va’da berganiday sizlarni ko‘paytiradi. Shuning uchun sizlar Egangiz Xudoga quloq solishingiz kerak. Men bugun sizlarga berayotgan Uning amrlariga itoat etib, Uning oldida to‘g‘ri ishlar qilishingiz kerak. Sizlar Egangiz Xudoning farzandlarisiz. Marhumga aza tutganingizda badaningizni tilmang, sochingizning oldini qirmang. Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. Egamiz yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan sizlarni O‘z xalqi, O‘z xazinasi qilib tanlab oldi. Jirkanch hayvonlarning go‘shtini yemang. Mana bu hayvonlarni yesangiz bo‘ladi: mol, qo‘y, echki, ohu, kiyik, bug‘u, yovvoyi echki, zubr, jayron, arxar. Ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan tuya, quyon va sug‘urni yemanglar, ular kavsh qaytarsa ham, tuyog‘i ayrilmagan. Bu hayvonlar sizlar uchun haromdir. Cho‘chqani ham yemanglar, uning tuyog‘i ayrilgan, lekin kavsh qaytarmaydi. Bu hayvonlarning go‘shtini yemanglar, murdasiga ham tegmanglar. Suvda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday jonivorni yesangiz bo‘ladi. Suzgichi va tangasi bo‘lmaganlarini yemang, ular sizga haromdir. Halol qushlardan xohlaganingizning go‘shtini yesangiz bo‘ladi. Quyidagi qushlarning go‘shtini yeyish mumkin emas: qumoy, boltayutar, tasqara, qirg‘iy, qizil kalxat va uning zoti, qarg‘a zoti, tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchig‘ay va uning zoti yapaloq qush, boyo‘g‘li, oq boyo‘g‘li, birqozon, jo‘rchi, baliqchi ukki, laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, qo‘rshapalak. Qanotli hasharotlar sizlarga haromdir, ularni yemanglar. Ammo ba’zi turdagi qanotli hasharotlarni yeyishingiz mumkin. O‘limtikni yemang, uni shahringizda yashagan musofirga bering, u yeyaversin, yoki o‘limtikni begonaga soting, sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. Uloqchani o‘z onasining sutida qaynatmang. Har yili dalangizda o‘sadigan hamma narsadan, ekiningizning hosilidan o‘ndan birini ajratinglar. Bu ushrlaringizni Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar. Doningiz, sharobingiz va zaytun moyingizning ushrlarini, mol va qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalarini Uning huzurida yenglar. Shunday qilib, Egangiz Xudodan har doim qo‘rqishni o‘rganasizlar. Agar Egangiz Xudo tanlaydigan bu joy sizdan uzoq bo‘lsa, shu sababdan Egangiz bergan barakaning ushrini u yerga olib bora olmasangiz, o‘sha narsalaringizni kumushga almashtiring. Kumushni olib, Egangiz Xudo tanlaydigan joyga boring. Mana shu kumushga ko‘nglingiz tusagan narsani: mol, qo‘y, sharob, o‘tkir ichimlik va ko‘nglingiz xohlagan hamma narsani sotib olib, u yerda Egangiz Xudo huzurida yeb, oilalaringiz bilan xursandchilik qilinglar. Shahringizda yashagan levilarni unutib qo‘ymanglar, ularning siznikiga o‘xshagan ulushi ham, mulki ham yo‘qdir. Har uchinchi yil oxirida o‘sha yili olgan hosilingizning o‘ndan bir qismini to‘liq olib, shahringizdagi omborlarda saqlab qo‘yinglar. Ulushi ham, mulki ham bo‘lmagan shahringizdagi levilar, shuningdek, musofir, yetim va bevalar kelib, yeb to‘yadi. Shunda qilgan har bir ishingizga Egangiz Xudo baraka beradi. Har yettinchi yilning oxirida qarzlaringizdan kechinglar. Qarzdan kechish shundan iboratki, yaqiniga qarz bergan odam qarzidan kechsin. Isroil xalqidan bo‘lgan birodaridan o‘sha qarzini so‘ramasin, chunki Egamiz qarzdan kechishni e’lon qildi. Begonadan qarzingizni so‘rasangiz bo‘ladi. Isroil xalqidan bo‘lgan birodaringizdan esa qarzingizni so‘ramang. Sizlarning orangizda kambag‘al bo‘lmaydi. Egangiz Xudo mulk qilib berayotgan yurtda sizlarga baraka beradi. Faqat Egangiz Xudoga itoat etib, Men bugun sizlarga berayotgan mana shu amrlarni bitta qoldirmay bajarishingiz kerak. Egangiz Xudo O‘zi va’da qilganday, sizlarga baraka berganda, ko‘p xalqlarga qarz berasiz, o‘zingiz esa ulardan qarz olmaysiz. Ko‘p xalqlar ustidan hukmronlik qilasiz, ular esa sizlarning ustingizdan hukmronlik qilmaydi. Egangiz Xudo sizga beradigan yurtdagi shaharlaringizning birida Isroillik birodaringizdan birortasi kambag‘al bo‘lsa, kambag‘al birodaringizga bag‘ritoshlik qilmang, ziqna bo‘lmang. Ochiq qo‘l bo‘ling, unga kerakli narsani yetarlicha qarzga bering. Ehtiyot bo‘ling, ko‘nglingizda yomon niyat qilmang, yettinchi yil, qarzdan kechish yili kelyapti, deb kambag‘al birodaringizga nafrat bilan qaramang, unga yo‘q demang. Aks holda birodaringiz Egamizga sizdan noliydi, natijada siz gunoh orttirib olasiz. Unga saxiylik bilan qarz bering, buning uchun achinmang. Shunda Egangiz Xudo har bir ishingizga baraka beradi. Yer yuzida har doim kambag‘allar bo‘ladi. Shuning uchun sizlarga amrim shuki, yurtingizdagi kambag‘al, muhtoj birodaringizga ochiq qo‘l bo‘ling. Birodaringizdan ibroniy erkagi yoki ayoli sizga o‘zini sotsa, olti yil xizmat qilsin, yettinchi yili uni ozod qilishingiz kerak. Uni ozod qilganingizda, quruq jo‘natmang. Unga saxiylik bilan mol–qo‘yingizdan, don, sharobingizdan bering, Egangiz Xudo sizlarga ato etgan barakadan bering. Yodingizda tuting: sizlar ham Misr yurtida qul bo‘lgansiz, Egangiz Xudo sizlarni ozod qilgan. Shuning uchun men bugun sizlarga o‘sha amrni berdim. Agar qulingiz, sizni, oilangizni yaxshi ko‘raman, sizning xonadoningizda o‘zimga to‘qman, siznikidan ketmayman, deb aytsa, uni uyingiz eshigi yoniga olib boring. Qulog‘ini eshikka qo‘yib, bigiz bilan teshing. Shunda u bir umr sizning qulingiz bo‘ladi, cho‘ringizni ham shunday qiling. Qulingizni ozod qilayotganingizda afsuslanmang, chunki u olti yil ichida mardikorning haqiga arziydigan mehnatni qildi. Uni ozod qilsangiz Egangiz Xudo qilgan har bir ishingizga baraka beradi. Mol–qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan erkagini Egangiz Xudoga bag‘ishlang. Birinchi tug‘ilgan buqangizni ishlatmang, birinchi tug‘ilgan qo‘yingizning yungini olmang. Bularning go‘shtini Egamiz tanlaydigan joyda, o‘zingiz oilalaringiz bilan birga har yili Uning huzurida yenglar. Agar o‘sha hayvon cho‘loq yoki ko‘r bo‘lsa yo uning boshqa bir nuqsoni bo‘lsa, uni Egangiz Xudoga qurbonlik qilmang. Uni shaharlaringizda yeyaveringlar. Pok odam ham, harom odam ham, ohu va kiyikni yeganday, uning go‘shtini yesa bo‘ladi. Faqat qonini iste’mol qilmang. Qonni suv singari yerga to‘kib tashlang. Abib oyida Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini nishonlanglar. Egangiz Xudo sizlarni Misrdan Abib oyida tunda olib chiqqan. Egamiz O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga boringlar, mol va qo‘ylaringizdan Egangiz Xudoga Fisih kurbonligini keltiringlar. Qurbonlik go‘shtiga xamirturushli non qo‘shib yemanglar. Sizlar Misrdan shoshilinch chiqib ketganingizda xamirturushsiz non yegan edingizlar, shuning uchun yetti kun davomida xamirturushsiz non yenglar. Bu nonni, mashaqqatli kunlarda yeyiladigan non, deb atashadi. O‘sha nonni yenglar, shunda Misrdan chiqqan kuningizni bir umr yodingizda tutasizlar. Yetti kun davomida yurtingizning biror joyida xamirturush bo‘lmasin. Bayramning birinchi kuni kechqurun keltirgan qurbonligingiz go‘shtidan ertalabgacha hech nima qolmasin. Egangiz Xudo sizlarga berayotgan shaharlarning birontasida Fisih qurbonligini keltirish mumkin emas. Fisih qurbonligini faqatgina Egangiz O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyda keltiringlar. Buni quyosh botadigan paytda, sizlar Misrdan chiqqan soatlarda qilinglar. Egangiz Xudo tanlaydigan joyda qurbonligingizni pishirib yeb, ertalab chodirlaringizga qaytib ketaveringlar. Keyingi olti kun davomida xamirturushsiz non yenglar. Yettinchi kun Egangiz Xudoga bag‘ishlangan muqaddas yig‘in bo‘ladi. Shu kuni hech qanday ish qilmanglar. Hosilga o‘roq solingan kundan boshlab yetti haftani sananglar. Keyin Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha ko‘ngildan chiqarib nazr qilinglar. Egangiz Xudo uchun Hosil bayramini nishonlanglar. O‘zlaringiz, o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, shahringizdagi levilar, orangizdagi musofirlar, yetim va bevalar bilan birga Egangiz Xudo oldida xursandchilik qilinglar. Bularni Egamiz O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyda o‘tkazinglar. Misrda qul bo‘lganingizni esingizdan chiqarmasdan, mana shu qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar. Doningizni yanchib, sharobingizni tayyorlab olganingizdan keyin yetti kun davomida Chayla bayramini nishonlanglar. Bayramda o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qul va cho‘rilaringiz, shahringizda istiqomat qilayotgan levilar, musofirlar, yetim va bevalar bilan birga xursandchilik qilinglar. Egangiz Xudo tanlagan joyda yetti kun davomida Unga atab bayram qilinglar. Egangiz Xudo hosilingizga va qilgan har bir ishingizga baraka beradi. Shu tariqa, albatta xursandchilik qilinglar. Xamirturushsiz non bayramini, Hosil bayramini va Chayla bayramini nishonlash uchun barcha erkaklaringiz yilda uch marta Egangiz Xudo tanlagan joyga, Uning huzuriga kelsin. Hech kim Egamizning oldiga quruq kelmasin. Har biringiz Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha in’om keltiringlar. Egangiz Xudo sizlarga beradigan har bir shaharga hakamlar va nazoratchilar tayinlanglar. Ular xalqni adolat bilan hukm qilsin. Hukm qilayotganda adolatsizlik qilmasin, tarafkashlik qilmasin, pora olmasin. Pora donolarning ko‘zini ko‘r qiladi, haqlarni nohaqqa chiqaradi. Adolatga, faqat adolatga ergashing. Shunda yashaysizlar, Egangiz Xudo beradigan yurtga egalik qilasizlar. Egangiz Xudo uchun quradigan qurbongoh yoniga Asheraga atalgan ustunlarni yoki butsimon toshlarni o‘rnatmanglar. Egangiz Xudo bulardan nafratlanadi. Nuqsoni yoki kamchiligi bor mol–qo‘ylarni Egangiz Xudoga qurbonlik qilmanglar. Bu Egangiz Xudoga jirkanchdir. Egangiz Xudo sizga berayotgan shaharlarning birida orangizdan birorta erkak yoki ayol Egangiz oldida qabihlik qilib, Uning ahdini buzsa, begona xudolarga xizmat qilsa, o‘sha xudolarga yoki quyoshga, oyga va samoviy jismlarga topinsa, taqiqlangan bu ishlarni qilsa, bu voqeadan sizlar xabardor bo‘lsangiz, eshitganlaringizni yaxshilab tekshiringlar. Isroil xalqi orasida haqiqatan ham bunday jirkanch ish qilingan bo‘lsa, o‘sha gunohkor erkak yoki ayolni shahar darvozasidan tashqariga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar. Odam faqat ikkita yoki uchta guvohning so‘zi bilan o‘limga hukm qilinishi mumkin, bitta guvohning so‘zi bilan o‘ldirilmasin. Gunohkorga birinchi bo‘lib guvohlar tosh otsin, keyin butun xalq uni toshbo‘ron qilsin. Shunday qilib, orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. Agar shahringizda qon to‘kish, haq–huquq talashish va zo‘ravonlik kabi mojarolarni hukm qilish qiyin bo‘lsa, Egangiz Xudo tanlaydigan joyga boringlar. Levi ruhoniylarining va o‘sha vaqtda xizmatda bo‘lgan hakamning oldiga borib, ulardan so‘ranglar. Ular hukm chiqaradi. Ular chiqargan hukm bo‘yicha ish tutinglar, o‘rgatganlarini bitta qoldirmay bajaringlar. Tushuntirgan qonunni va qonunga asosan chiqargan hukmni to‘liq bajaringlar. Ularning aytganlaridan chapga ham, o‘ngga ham og‘manglar. Egangiz Xudoning xizmatida turgan ruhoniy va hakamning gapiga quloq solmay, o‘zboshimcha ish tutgan odam o‘lishi kerak. Shunday qilsangiz, Isroil xalqi orasidan yomonlikni yo‘q qilgan bo‘lasizlar. Butun xalq bu voqeani eshitib qo‘rqadi, bundan keyin o‘zboshimcha ish qilmaydigan bo‘ladi. Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtga borib, u yerga joylashib, egalik qilasizlar. Shundan keyin, “Atrofimizdagi xalqlarga o‘xshab biz ham ustimizdan shoh qo‘yaylik”, deysiz. Ko‘taradigan shohingiz albatta Egangiz Xudo tomonidan tanlangan bo‘lsin. Shoh o‘z xalqingizdan bo‘lsin. Begona bo‘lgan musofirni ustingizdan shoh qilishingiz mumkin emas. Shoh o‘zi uchun ot ko‘paytirmasin, ot sotib olish uchun odamlarni Misrga jo‘natmasin. Chunki Egamiz sizlarga: “U yerga qaytib bormanglar”, degan. Tayinlangan shoh xotinlarni ko‘paytirmasin, aks holda Egamizdan yuragi soviydi. O‘zi uchun ko‘p miqdorda oltin va kumushni yig‘masin. U shohlik taxtiga o‘tirganda, levi ruhoniylari saqlagan Tavrotdan o‘zi uchun bir nusxa ko‘chirtirib olsin. Tavrotning o‘sha nusxasi doimo shohning yonida bo‘lsin. Shoh uni har kuni, umri davomida o‘qisin, toki o‘zining Egasi Xudodan qo‘rqishni o‘rgansin, Tavrot va farmonlarning so‘zlarini bitta qoldirmay bajarsin. O‘zini birodarlaridan ustun qo‘ymasin, amrlardan chapga ham, o‘ngga ham og‘masin. Shunda o‘zi ham, o‘g‘illari ham Isroil ustidan uzoq yillar hukmronlik qiladilar. Levi ruhoniylari, butun Levi qabilasi qatorida, Isroilda ulush ham, mulk ham olmaydilar. Ular Egamizga keltirilgan nazr va qurbonliklardan yeydilar. Birodarlari orasida ularning ulushi bo‘lmaydi. Egamiz Levi qabilasiga: “Men O‘zim sizlarning ulushingiz bo‘laman”, deb va’da bergan edi. Qurbonlik qilingan mol yoki qo‘yning yelka, jag‘ va ichak–chovoqlari ruhoniylarga berilsin. G‘allangizning ilk hosilini, eng birinchi tayyorlagan sharobingizni va zaytun moyingizni, qo‘ylaringizning birinchi qirqilgan yungini ruhoniylarga beringlar. Chunki Egangiz Xudo, Levi qabilasi va ularning avlodlari har doim Menga xizmat qilishsin, deb ularni qabilalaringiz orasidan tanlab oldi. Agar biror levi Isroildagi o‘zi yashab turgan shahardan Egamiz tanlagan joyga o‘z xohishi bilan borsa, u yerda Egamizga xizmat qilgan levi birodarlari singari Egasi Xudo nomidan xizmat qila oladi. Oilasining mulkini sotishdan kelgan daromadi bo‘lsa ham, boshqa levilar qatori bir xil ulush yesin. Egangiz Xudo beradigan yurtga kirganingizda, u yerdagi xalqlarning jirkanch odatlarini o‘rganmanglar. O‘g‘li yoki qizini olovda qurbon qiladigan, folbin, bashoratgo‘y, romchi, sehrgar, issiq–sovuq qiladigan, arvoh chaqiruvchi, o‘liklardan maslahat so‘raydiganlar orangizda bo‘lmasin. Egamiz bundaylardan jirkanadi. Mana shu jirkanch odatlari uchun Egangiz Xudo o‘sha xalqlarni sizning oldingizdan haydab chiqaryapti. Egangiz Xudoga butunlay sodiq qoling. Sizlar yurtini olayotgan o‘sha xalqlar bashoratgo‘ylar va folbinlarning gapiga quloq soladilar. Sizlarning bunday qilishingizga esa Egangiz Xudo ruxsat bermaydi. Egangiz Xudo sizlar uchun xalqingiz orasidan menga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaradi. Unga quloq solinglar. Siz Sinay tog‘ida yig‘ilgan kuningizda Egangiz Xudodan o‘zingiz uni tilab olgandingiz, zotan siz shunday degan edingiz: “ Egamiz Xudoning ovozini ikkinchi eshitmaylik, mana shu buyuk olovni ham boshqa ko‘rmaylik, aks holda o‘lamiz.” O‘shanda Egamiz menga shunday dedi: “Ularning aytganlari to‘g‘ri. Ular uchun o‘z xalqi orasidan senga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaraman, Men unga nima aytishni o‘rgataman. O‘sha payg‘ambar bergan amrlarimning hammasini ularga aytadi. U Mening nomimdan gapiradi, unga quloq solmagan odamni Men O‘zim jazolayman. Ammo biror payg‘ambar Men buyurmagan so‘zni Mening nomimdan gapirishga jur’at qilsa yoki boshqa xudolar nomidan gapirsa, u payg‘ambar o‘lishi kerak.” Ko‘nglingizda: “Bu so‘zlar Egamizdanmi yoki yo‘qmi, biz qanday qilib bilamiz?”, deb o‘ylashingiz mumkin. Agar biror payg‘ambar Egamizning nomidan gapirsayu o‘sha voqea yuz bermasa, demak, bu so‘zni Egamiz aytmagan bo‘ladi. Payg‘ambar o‘zicha gapirgan, undan qo‘rqmanglar. Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtning xalqlarini yo‘q qilganda, sizlar o‘sha yurtni mulk qilasizlar, shaharlariga, uylariga joylashasizlar. [2-3] O‘shanda yurtni uch qismga bo‘linglar. Har bir qismida bittadan panoh shahar ajratinglar. O‘sha shaharlarga boradigan yo‘llar quringlar, toki qotil o‘sha shaharlarning biriga qochib bora olsin. *** Birovni adovatsiz, bilmasdan o‘ldirib qo‘ygan odam o‘sha shaharlarning biriga qochib, tirik qoladi. Masalan, bir odam boshqasi bilan daraxt kesgani o‘rmonga bordi, deylik. U daraxt kesmoqchi bo‘lib boltani ko‘targanda, bolta sopidan chiqib ketib, sherigiga borib tegsayu, sherigi o‘lib qolsa, qotil o‘sha shaharlarning biriga qochib borib tirik qoladi. Aks holda marhumning xunini oladigan odam qotilning orqasidan quvishi mumkin, yo‘l uzoq bo‘lganidan unga yetib olib, o‘ldirishi mumkin. Lekin u o‘limga loyiq emas, chunki marhumga oldindan uning adovati yo‘q edi. Uchta shahar ajratinglar, deb sizlarga buyurganimning sababi shudir. [8-9] Egangiz Xudoni seving, har doim uning yo‘lidan yuring, deb sizlarga bugun amr qildim. Agar sizlar bu amrlarni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudo ota–bobolaringizga qasam ichib, bergan va’dasiga ko‘ra, yerlaringizni kengaytiradi, va’da qilgan butun yurtni sizga beradi. Shunda sizlar ajratgan uchta shahringizga yana uchta panoh shahar qo‘shinglar, *** toki Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtda aybsizning qoni to‘kilmasin. Sizlar qon uchun javobgar bo‘lib qolmanglar. Lekin birorta odam boshqasini adovat bilan poylab turib, hujum qilib o‘ldirsa, so‘ng o‘sha shaharlarning birortasiga qochib borsa, qotilning ona shahridagi oqsoqollar qotil orqasidan odam yuborib, uni oldirib kelsin. Qotilni qasoskorning qo‘liga topshirsin. Qotil o‘ldirilishi kerak. Unga rahm qilmanglar, Isroilni aybsizning qonidan tozalanglar. Shunda baxtiyor bo‘lasiz. Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yerda, ota–bobolaringiz ilgaridan belgilagan qo‘shningizning chegarasini surmanglar. Birovni gunoh yoki jinoyat qilishda ayblash uchun bitta guvoh yetarli emas. Ish ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi. Agar soxta guvoh yomon niyat bilan birortasini ayblasa, janjallashayotgan ikkala odam Egamizning huzuriga borsinlar. O‘sha kunlarda xizmatini o‘tayotgan ruhoniylarga va hakamlarga uchrashsinlar. Hakamlar ishni yaxshilab ko‘rib chiqishsin. Agar guvoh birodariga qarshi yolg‘on guvohlik berayotgan bo‘lsa, birodariga qarshi o‘ylagan niyatini o‘ziga qaytaringlar. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. Boshqalar bo‘lib o‘tgan voqealarni eshitib, qo‘rqadilar, orangizda bunday jinoyatni boshqa qilmaydilar. Bundaylarga rahm qilmanglar: jonga — jon, ko‘zga — ko‘z, tishga — tish, qo‘lga — qo‘l, oyoqqa — oyoq. Dushmanlaringizga qarshi urushga borganingizda, otlarni, aravalarni, o‘zingiznikidan ko‘proq bo‘lgan lashkarni ko‘rsalaringiz, ulardan qo‘rqmanglar. Chunki sizlarni Misrdan olib chiqqan Egangiz Xudo sizlar bilandir. Jangga kirishingizdan oldin, ruhoniy lashkarning oldiga chiqsin, ularga shunday desin: “Quloq sol, ey Isroil xalqi! Bugun sizlar dushmanlaringizga qarshi jangga chiqyapsizlar. Dadil bo‘linglar, qo‘rqmanglar, dushman oldida vahimaga tushmanglar. Egamiz Xudoning O‘zi sizlar bilan urushga boradi! Sizlar uchun dushmanlaringizga qarshi jang qiladi, sizlarga g‘alaba beradi!” Nazoratchilar lashkarga shunday deb aytsin: “Orangizda yangi uy qurib, o‘sha uyini hali Xudoga bag‘ishlab ulgurmagan birorta odam bormi? Bor bo‘lsa, uyiga qaytsin. Agar u jangda halok bo‘lsa, boshqa odam uning uyini bag‘ishlaydi. Uzumzor ekib, hali mevasidan yemagan odam bormi? Agar bor bo‘lsa, uyiga qaytib ketsin. U jangda halok bo‘lsa, boshqa odam uning uzumzori mevasidan birinchi bo‘lib tatiydi. Biror qizga unashtirilib, hali uylanmagan yigit bormi? Agar bor bo‘lsa, uyiga qaytib ketsin. U jangda halok bo‘lsa, boshqa odam o‘sha qizga uylanadi.” Nazoratchilar yana shunday deyishsin: “Orangizda qo‘rquvdan yuragini oldirib qo‘ygan odam bormi? Bor bo‘lsa, uyiga qaytib ketsin. Bo‘lmasa birodarlari ham unga o‘xshab cho‘chib qoladi.” Nazoratchilar lashkarga shu gaplarni aytib bo‘lgandan keyin, lashkarboshilar bosh bo‘lsin. Biror shaharni olish uchun yaqinlashganingizda, shahar ahliga sulh taklif qiling. Ular sulhga rozi bo‘lib, darvozalarini ochib bersa, shaharning butun aholisi sizlarga qarol bo‘lib xizmat qiladi. Agar shahar ahli sulhga rozi bo‘lmay, sizlar bilan jang qilsa, shaharni qamal qilinglar. Egangiz Xudo u shaharni sizning qo‘lingizga berganda, butun erkak zotini qilichdan o‘tkazinglar. Faqat ayollarni, bolalarni, mollarni va shaharda qolgan hamma narsani o‘lja qilib olsangiz bo‘ladi. Egangiz Xudo sizlarning qo‘lingizga bergan, dushmanlardan olgan o‘ljalarni ishlatishingiz mumkin. Sizlar egalik qiladigan yurtingizdan uzoqda joylashgan shaharlarni shunday qilinglar. Lekin Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtdagi shaharlarni qo‘lga olganingizda bironta jonni tirik qoldirmanglar. Egangiz Xudo sizlarga amr etganiday, Xet, Amor, Kan’on, Pariz, Xiv, Yobus xalqlarini tamomila qirib bitiringlar. Toki ular o‘zlarining xudolariga qilgan jirkanch odatlarini sizlarga o‘rgatmasin. Aks holda sizlar Egangiz Xudoga qarshi gunoh qilgan bo‘lasizlar. Agar biror shaharni qo‘lga kiritish uchun uzoq vaqt qamal qilib tursalaringiz, u yerdagi mevali daraxtlarni kesmanglar. O‘sha daraxtlarning mevasini yeyishingiz mumkin, daraxtlarning o‘zini esa kesib tashlamanglar. Axir, daladagi daraxtlar odam emas–ku, qurshovdan qochib chiqsa! Meva bermaydigan daraxtlarni esa kesishingiz mumkin. Shahar qulamagunicha qamal inshootlarni qurishda o‘sha daraxtlardan foydalansangiz bo‘ladi. Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtning biror dalasida odam jasadi topilsa va uni kim o‘ldirgani noma’lum bo‘lsa, oqsoqollar va hakamlar murda bilan atrofdagi shaharlar oralig‘idagi masofani o‘lchashsin. Murdaga eng yaqin shaharning oqsoqollari hali qo‘shga qo‘shilmagan, bo‘yinturuq solinmagan g‘unajinni olishsin. Shahar oqsoqollari yerga ishlov berilmagan, urug‘ ekilmagan, suv oqib turadigan soylikka bu g‘unajinni olib borishsin. O‘sha soylikda g‘unajinning bo‘ynini sindirishsin. Levi ruhoniylari bu yerga kelishsin. Egangiz Xudo “ Levi nasli Menga xizmat qilsin, Mening nomim bilan xalqni duo qilsin”, deb ularni tanlagan. Barcha janjalli ishlar va zo‘ravonlik masalalari ularning so‘zi bilan hal qilinadi. Murdaga eng yaqin bo‘lgan shaharning oqsoqollari soylikda bo‘yni sindirilgan g‘unajinning tepasida qo‘llarini yuvishsin. Keyin ular shunday desin: “Bu odamning qonini bizning qo‘llarimiz to‘kkani yo‘q. Kim qilganini ko‘zlarimiz ko‘rgani yo‘q. Ey Egamiz! O‘zing Misrdan ozod qilgan xalqing Isroilni kechirgin, xalqing Isroilni to‘kilgan aybsiz qonga javobgar qilmagin.” Shundan so‘ng ular to‘kilgan qonga javobgarlikdan holi bo‘ladilar. Shunday qilsangizlar, Egamizning oldida to‘g‘ri ish qilgan bo‘lasizlar, aybsizning qonidan o‘zingizni tozalaysizlar. Egangiz Xudo jangda dushmanlaringizni sizlarga mag‘lub etganda, ularni asirga olganingizda, asirlar orasida chiroyli bir ayolni ko‘rib, uni sevib qolganingizdan unga uylanmoqchi bo‘lsangiz, uni uyingizga olib keling. O‘sha ayol sochini qirib tashlasin, tirnoqlarini olsin. Asirlikda kiygan kiyimlarini almashtirsin. Bir oy davomida ota–onasi uchun aza tutib, uyingizda yashasin. Shundan keyin siz u ayolning oldiga kira olasiz, siz uning eri, u esa sizning xotiningiz bo‘ladi. Agar o‘sha ayol sizga yoqmay qolsa, uni ozod qiling. Uni sotmang, unga qulday munosabatda bo‘lmang, chunki uni xotiningiz bo‘lishga majbur qilgansiz. Agar birortasining ikkita xotini bo‘lsa–yu, birini yaxshi ko‘rib, ikkinchisini yaxshi ko‘rmasa, ikkalasi ham unga o‘g‘il tug‘ib bersa, to‘ng‘ichi yaxshi ko‘rmagan xotinining o‘g‘li bo‘lsa, o‘g‘illariga meros bo‘lib berayotganda, yaxshi ko‘rgan xotinning o‘g‘lini ustun qo‘ymasin, unga to‘ng‘ich o‘g‘il huquqini bermasin. Yaxshi ko‘rmagan xotinning o‘g‘lini to‘ng‘ich, deb tan olsin, unga mol–dunyosidan ikki hissa meros bersin. Chunki o‘sha o‘g‘il otasi qudratining ilk hosilidir. To‘ng‘ichlik huquqi o‘sha o‘g‘ilga tegishlidir. Agar birortasining o‘g‘li ota–onasining gapiga quloq solmaydigan, o‘jar va itoatsiz bo‘lsa, uni jazolaganlarida ham gaplariga kirmasa, ota–onasi u o‘g‘ilni shahar darvozasida xizmat qiladigan shahar oqsoqollari oldiga olib kelsin. Ota–onasi oqsoqollarga: “Bu o‘g‘limiz o‘jar va itoatsizdir. U bizning gapimizga quloq solmaydi. U ochko‘z va mayxo‘rdir”, desin. Shundan keyin shahar erkaklari o‘sha yigitni toshbo‘ron qilib o‘ldirsin. Shunday qilib, orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. Butun Isroil xalqi bu voqeani eshitib, qo‘rqadi. Agar birortasi o‘lim hukmiga loyiq gunoh qilsa, sizlar uni o‘ldirib, jasadini tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqsangiz, o‘sha jasad kechasi bilan xodada osig‘liq qolmasin. Uni o‘sha kuniyoq dafn qilinglar, chunki xodaga qoqilgan odam Xudo tomonidan la’natlangandir. Egangiz Xudo sizga mulk qilib berayotgan yurtni harom qilmanglar. Birodaringizning adashib qolgan molini yoki qo‘yini ko‘rib qolganingizda, o‘zingizni ko‘rmaganga olmang, uni albatta egasiga qaytarib olib boring. Agar hayvonning egasi sizdan uzoqda yashasa yoki siz egasini tanimasangiz, uyingizga olib boring. Egasi kelib olib ketmaguncha unga qarab turing, keyin qaytarib bering. Birodaringizning eshagiga ham, kiyimiga ham, siz topib olgan har qanday narsasiga shunday munosabatda bo‘ling. O‘zingizni ko‘rmaganga olmang. Birodaringizning eshagi yoki ho‘kizi yo‘lda yotib qolganini ko‘rsangiz, o‘zingizni ko‘rmaganga olmang, ularni turg‘izishga yordam bering. Ayol erkakning kiyimini kiymasin, erkak esa ayolning libosini kiymasin. Bunday ish qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi. Yo‘lda ketayotganingizda daraxtdagi yoki yerdagi qush iniga duch kelsangiz, qush tuxum bosgan yoki polaponlari bilan o‘tirgan bo‘lsa, onasini bolalari bilan olmang. O‘zingizga faqat polaponlarini olishingiz mumkin, onasini esa qo‘yib yuboring. Shunda baxtiyor bo‘lib, umringiz uzoq bo‘ladi. Yangi uy qursangiz, tomingiz atrofida to‘siq quring. Shunda birortasi tomingizdan yiqilib o‘lsa, oilangiz javobgar bo‘lmaydi. Uzumzoringiz egatlariga boshqa turdagi urug‘ ekmang. Aks holda uzumzoringizdan va ekkan urug‘ingizdan olgan jamiki hosilni Egamizga bag‘ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Ho‘kiz bilan eshakni birga qo‘shga qo‘shmang. Ustingizga jun va zig‘irpoyadan aralashtirib to‘qilgan kiyimni kiymang. To‘ningizning etagiga popuk qilib osib yuring. Birortasi uylanib, qiz bilan yotgandan so‘ng uni yoqtirmay qolsa, qizni yomon otliq qilib, men bu qizga uylandim, u esa qiz chiqmadi, deb bahona qilsa, qizning ota–onasi qizlik belgilarini oqsoqollarga ko‘rsatish uchun, shahar darvozasiga olib borsin. Qizning otasi oqsoqollarga shunday aytsin: “Qizimni mana bu kishiga uzatgan edim. Endi u qizimni yoqtirmay qolibdi. Qizingiz qiz chiqmadi, deb bahona qilyapti. Mana qizimning qizlik belgilari”, deb shahar oqsoqollari oldiga o‘sha matoni yoysin. Shahar oqsoqollari o‘sha kishini olib kelib, jazolasin. Oqsoqollar unga yuz bo‘lak kumush jarima solsinlar. U Isroil xalqining bokira qizini yomon otliqqa chiqargani uchun, kumushni qizning otasiga bersinlar. Qiz u odamning xotini bo‘lib qolaversin, u odam qizdan umri bo‘yi ajralishi mumkin emas. Lekin u odamning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib, qiz bokira bo‘lmasa, qizni otasining eshigi oldiga olib kelishsin. Shahar erkaklari u qizni toshbo‘ron qilib o‘ldirsin. U otasining uyida yashagan paytda fohishalik qilib, Isroil xalqi orasida sharmandalarcha ish qildi. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qiling. Agar biror erkak oilali xotin bilan yotsa va bu ma’lum bo‘lib qolsa, ikkovi — xotin ham, xotin bilan yotgan erkak ham o‘ldirilsin. Shu tariqa Isroildan yomonlikni yo‘q qiling. Agar biron qiz unashtirilgan bo‘lsa–yu, shaharda birortasi o‘sha qizni uchratib qolib, u bilan yotsa, ikkovini ham o‘sha shaharning darvozasi oldiga olib kelishsin. Qiz shaharda bo‘la turib, baqirmagani uchun jazolansin. Erkak esa birovning xotinini sharmanda qilgani uchun jazolansin. Ikkovini ham toshbo‘ron qilib o‘ldiring. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qiling. Agar birorta erkak unashtirilgan qizni dalada uchratib qolib, uni ushlab zo‘rlasa, o‘sha qiz bilan yotgan erkaknigina o‘ldirish kerak. Qizga hech narsa qilmanglar. U qizning o‘limga loyiq aybi yo‘q, bu xuddi birorta odam boshqasiga hujum qilib o‘ldirgani kabidir. Chunki o‘sha erkak qizni dalada ushlab olgan, qiz yordam so‘rab baqirgan bo‘lishi mumkin. Ammo uni qutqaradigan hech kim bo‘lmagan. Agar birortasi unashtirilmagan qizni uchratib qolsa, qizni ushlab, u bilan yotsa, ammo ikkovini ushlab olishsa, o‘sha qiz bilan yotgan kishi qizning otasiga ellik bo‘lak kumush berishi kerak. Qiz esa uning xotini bo‘lsin. O‘sha odam qizni sharmanda qilgani uchun, umri bo‘yi u qizdan ajralishi mumkin emas. Hech kim otasining xotiniga uylanmasin, bunday qilib otasini sharmanda qilmasin. Jinsiy a’zosi kesib tashlangan yoki moyagi ezilgan odam Egamiz jamoasiga kirolmaydi. Noqonuniy tug‘ilgan bola Egamiz jamoasiga kirolmaydi, uning o‘ninchi avlodigacha birorta avlodi ham Egamiz jamoasiga kirolmaydi. Ommonliklar va Mo‘abliklar Egamiz jamoasiga kirolmaydi, ularning o‘ninchi avlodigacha birorta avlodi Egamiz jamoasiga aslo kirolmaydi. Chunki Misrdan chiqib kelayotganingizda ular yo‘lda sizlarni non va suv bilan kutib olmadilar. Ular Oram–Naxrayimdagi Pato‘r shahridan Bavo‘r o‘g‘li Balomni sizlarni la’natlash uchun yolladi. Lekin Egangiz Xudo Balomga quloq solishni xohlamadi. Egangiz Xudo sizlarni sevgani uchun, Balomning la’natini barakaga aylantirdi. Tirik ekansiz, ularning tinchligini, farovonligini hech qachon ko‘zlamanglar. Edomliklardan esa hazar qilmanglar, chunki ular sizlarning qarindoshlaringizdir. Misrliklardan ham hazar qilmanglar, chunki sizlar ularning yurtida musofir bo‘lgan edingizlar. Ulardan tug‘ilgan uchinchi avlod bolalari Egamiz jamoasiga kirsa bo‘ladi. Dushmanlaringiz bilan jang qilishga borganingizda, har qanday haromlikdan saqlaning. Agar orangizdan birortasi, kechasi maniy oqqani tufayli harom bo‘lib qolsa, u qarorgohdan chiqib ketsin. U qarorgohda qolishi mumkin emas. Kech kirayotganda yuvinib, quyosh botgandan keyin qarorgohga kirishi mumkin. Qarorgohning tashqarisida hojat chiqarishingiz uchun joy bo‘lsin. Qurol–aslahangiz orasida kurakchangiz ham bo‘lsin, ehtiyojingizni qondirib bo‘lganingizdan keyin kurakchangiz bilan chuqurcha kovlab, ko‘mib qo‘ying. Qarorgohingizni pok saqlang, chunki Egangiz Xudo sizlarga najot berish va dushmanlaringiz ustidan g‘alaba qozonishingiz uchun sizlar bilan qarorgohdadir. Agar U orangizda uyatli ishlarni ko‘rsa, sizlardan yuz o‘giradi. Egasidan qochib, Isroildan panoh so‘rab kelgan qulni yana qaytarib egasiga berib yubormanglar. U sizlarning orangizda, o‘zi yoqtirgan joyda, tanlagan shaharlaringizning birida yashayversin. Unga zulm qilmanglar. Isroil ayollari orasida sajdagoh fohishalari bo‘lmasin. Isroil erkaklari orasida sajdagoh fahshbozlari bo‘lmasin. Egangiz buzuq ayolu erkaklardan jirkanadi. Ularning ish xaqini Egangiz Xudoning uyiga olib kirmanglar. O‘shani atalgan nazr sifatida keltirmanglar. Isroil xalqidan bo‘lgan birodaringizga kumushni, nonni yoki har qanday boshqa narsani qarzga berganingizda, foiz talab qilmanglar. Boshqa xalqdan bo‘lgandan foiz talab qilsangiz bo‘ladi, lekin birodaringizdan foiz talab qilmanglar. Shunda Egangiz Xudo sizga mulk qilib beradigan yurtda har bir ishingizga baraka beradi. Egangiz Xudoga nazr atagan bo‘lsangiz, uni kechiktirmasdan keltiring. Egangiz Xudo va’dangizni bajarishni sizdan talab qiladi. Keltirmasangiz, o‘zingizga gunoh orttirib olasiz. Nazr atamasangiz gunoh bo‘lmaydi. Ammo o‘z xohishingiz bilan Egangiz Xudoga ont ichib nazr atasangiz, og‘zingizdan chiqqan va’dangizni albatta bajaring. Birovning uzumzoriga kirganingizda, to‘yguningizcha uzumdan yesangiz bo‘ladi, lekin idishingizga terib olmang. Birovning dalasiga kirganingizda qo‘lingiz bilan boshoq uzsangiz bo‘ladi, lekin ekiniga o‘roq solmang. Agar biror kishi uylansa–yu keyinchalik xotinidan birorta uyatli qiliq topib, uni yoqtirmay qolsa, uning qo‘liga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborishi mumkin. Ayol erining uyidan ketib, boshqa erga tegsa–yu, bu eri ham uni yoqtirmay qolsa, ayolning qo‘liga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborsa yoki ayolning keyingi eri o‘lib qolsa, birinchi eri ayolga qaytadan uylanishi mumkin emas. Chunki u ayol harom bo‘ldi. Bunday qilmishdan Egangiz Xudo jirkanadi. Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtni bulg‘amang. Yangi uylangan odam urushga bormasin, shunga o‘xshash majburiyat unga yuklanmasin. U bir yil davomida erkin bo‘lib, xotinini uyda baxtli qilsin. Hech kim tegirmonni yoki tegirmon toshini garovga olmasin. Shunday qilsa, u hayotni garovga olganday bo‘ladi. Agar birortasi Isroil xalqidan bo‘lgan birodarini o‘g‘irlab, uni qul qilib olgani yoki sotgani ma’lum bo‘lsa, bunday o‘g‘ri o‘ldirilsin. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. Teri kasalligidan ehtiyot bo‘linglar. Men levi ruhoniylariga bergan amrlarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Misrdan chiqqanlaringizdan keyin, Egangiz Xudo yo‘lda Maryamni nima qilganini esingizda tutinglar. Birovga biror narsani qarzga berganingizda, garov olgani uning uyiga kirmang. Tashqarida kutib turing. Siz qarz berayotgan odamning o‘zi sizga garovni ko‘chaga olib chiqib bersin. Agar u kambag‘al bo‘lsa, uning kiyimini garovga olib, uxlagani yotmang. Quyosh botayotganda undan olgan garovni qaytarib bering. U o‘zining kiyimini kiyib uxlasin, sizni duo qilsin. Bu bilan siz Egangiz Xudoning nazarida to‘g‘ri ish qilgan bo‘lasiz. Kambag‘al, muhtoj mardikorning ish haqini ushlab qolmang. U Isroil xalqidan bo‘ladimi yoki shahringizga kelgan musofir bo‘ladimi, bunday qilmang. U kambag‘aldir, tirikchiligi mana shu ish haqiga bog‘liq. Shuning uchun, har kuni, quyosh botmasdan oldin unga xaqini bering. Aks holda birodaringiz Egamizga sizdan noliydi, natijada siz gunoh orttirib olasiz. Otalar farzandlarining gunohi uchun o‘ldirilmasin. Farzandlar otalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin. Har kim o‘z gunohi uchun o‘zi o‘lim jazosini olsin. Musofir va yetimga nohaqlik qilmang, bevaning kiyimini garovga olmang. O‘zlaringiz ham Misrda qul bo‘lganingizni, Egangiz Xudo sizlarni ozod qilib, u yerdan olib chiqqanini yodingizda tuting. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman. Dalangiz hosilini o‘rganingizda, biron bog‘lam esingizdan chiqib qolsa, shu bog‘lamni olib kelgani qaytib bormang. O‘sha bog‘lam musofirlarga, yetim va bevalarga qolsin. Shunda Egangiz Xudo qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. Zaytun daraxtingiz mevasini qoqib olganingizdan keyin, qolgan–qutganiga tegmang. Ularni musofirlarga, yetim va bevalarga qoldiring. Uzumzoringiz hosilini yiqqaningizda, toklarda qolib ketgan uzum boshlarini yig‘ib olmang. Ularni musofir, yetim va bevalarga qoldiring. Misrda qul bo‘lganingizni esingizdan chiqarmang. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman. Ikki kishi janjallashganda, ular hakamlar oldiga kelsin. Hakamlar da’voga qarab, ulardan birini haq, ikkinchisini nohaq, deb e’lon qilsin. Agar nohaq deb topilgan kishi kaltaklanishga loyiq bo‘lsa, hakam aybdorni yotqizsin. O‘z oldida aybiga ko‘ra, unga darra urdirsin. Aybdorga qirq darradan ortig‘i urilmasin. Aks holda birodaringiz ko‘zingiz oldida xo‘rlanadi. G‘alla yanchayotgan ho‘kizning og‘zini to‘smang. Agar birga yashayotgan aka–ukalarning bittasi o‘lsayu uning o‘g‘li bo‘lmasa, marhumning xotini begonaga turmushga chiqmasin. Marhumning akasi yoki ukasi bevani o‘ziga xotin qilib olsin. Uning oldida qaynog‘alik vazifasini bajarsin. O‘sha ayol tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘il marhum aka yoki ukaning nomini olib yuradi. Shunda marhumning nomi Isroildan o‘chib ketmaydi. Agar o‘sha odam marhum akasi yoki ukasining bevasiga uylanishni xohlamasa, beva ayol shahar darvozasiga borib, oqsoqollarga aytsin: “Qaynog‘am tug‘ishganining nomini Isroil xalqi orasida tiklashni rad qilyapti, men uchun qaynog‘alik vazifasini bajarishni istamayapti.” Shunda shahar oqsoqollari o‘sha odamni chaqirib, u bilan suhbatlashsin. Agar o‘sha odam: “Men bu ayolga uylanishni xohlamayman”, deb turib olsa, beva ayol qaynog‘asining yoniga borsin. Shahar oqsoqollari oldida uning chorig‘ini yechsin, so‘ng uning yuziga tupurib, aytsin: “Birodarining naslini tiklashni xohlamagan odamga shunday qilinadi.” Isroil xalqi orasida u odamning xonadoni “chorig‘i yechkizilgan” deb nom oladi. Ikki kishi bir–biri bilan urishayotganda, ulardan birining xotini kelib, erini qutqarish maqsadida narigi erkakning nozik joyidan ushlasa, o‘sha ayolning qo‘li kesib tashlansin. Unga rahm qilmanglar. Qadoq toshlaringiz to‘g‘ri bo‘lsin, biri og‘ir, biri yengil bo‘lmasin. Uyingizdagi o‘lchov kosalarning hajmi to‘g‘ri bo‘lsin, biri katta, biri kichik bo‘lmasin. Toshlaringiz halol va to‘g‘ri bo‘lsin, o‘lchovlaringiz ham halol va to‘g‘ri bo‘lsin. Shunda Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtda umringiz uzoq bo‘ladi. G‘irromlik qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi. Misrdan chiqayotganingizda yo‘lda Omolek xalqi sizlarga nima qilganini esingizdan chiqarmang. Sizlar charchab, holsizlanib qolganingizda, ular Xudodan qo‘rqmay sizlarga hujum qilgan edilar. Orqangizda kelayotgan hamma holdan toyganlarni o‘ldirgan edilar. Egangiz Xudo sizlarga yurtni mulk qilib berganda, dushmanlaringizni yengib, har tarafdan osoyishtalik ato qilganda, Omolek xalqini halok qilib, ularning nomini yer yuzidan o‘chiringlar. Bunday qilishni unutmanglar! Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtga kirib, u yerni egallab joylashganingizda, hamma ekinlaringizning ilk hosilidan olib, savatga solinglar. So‘ng o‘shani Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar. Xizmatda bo‘lgan ruhoniyning oldiga borib, shunday deb aytinglar: “ Egamiz ota–bobolarimizga qasam ichib beraman, degan yurtga men kirdim. Bugun men shuni Egang Xudo oldida e’tirof qilyapman.” Ruhoniy savatni qo‘lingizdan olib, Egangiz Xudoning qurbongohi oldiga qo‘ysin. Sizlar Egangiz Xudoning huzurida shu gapni aytinglar: “Ajdodimiz Yoqub ko‘chmanchi bir Oramlik edi. Sanoqli odam bilan Misrga borib, u yerda musofir bo‘lib yashadi. Undan buyuk, kuchli, ko‘p sonli xalq kelib chiqdi. Misrliklar bizni og‘ir ishlarga solib, ezib qiynadilar. Shunda biz ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga yolvorgan edik, Egamiz iltijoimizni eshitdi. Biz chekayotgan azoblarni, qilayotgan og‘ir mehnatimizni, Misrliklar bizga qilayotgan zulmni ko‘rdi. Shundan keyin Egamiz qudratiyu ajoyibotlari bilan, buyuk, vahimali alomatu mo‘jizalari bilan bizni Misrdan olib chiqdi. Bizni mana shu joyga olib keldi, sut va asal oqib yotgan shu yurtni bizga berdi. Endi ey Egamiz, bizga bergan yerning ilk hosilini Senga olib keldik.” Shundan keyin savatni Egangiz Xudo oldiga qo‘yib, Unga ta’zim qiling. Egamiz Xudo sizga va oilangizga bergan mo‘l–ko‘llik tufayli shodlanib, bayram qilinglar. Levilar va orangizda yashagan musofirlar ham sizlar bilan bayram qilsin. Sizlar uchinchi yilda, ushr berish yilida, barcha hosilingizning o‘ndan bir qismini ajrating. Keyin o‘sha ushrni levilarga, musofirlarga, yetim va bevalarga bering, toki ular ham shaharlaringizda yeb to‘ysin. So‘ngra Egangiz Xudoga ayting: “Men uyimdan muqaddas ulushni ajratib oldim. Sening amringga ko‘ra, bu ulushni levilarga, musofirlarga, yetimlarga, bevalarga berdim. Sening amrlaringdan chiqmadim, hech qaysi amringni unutmadim. Aza tutgan paytimda muqaddas ushrdan yemadim. Harom bo‘lganimda unga tegmadim, biron qismini ham o‘liklar uchun atamadim. Ey Egam Xudo, Senga quloq soldim, menga bergan hamma amrlaringga rioya etdim. Endi osmondagi muqaddas makoningdan bizga boq! Ota–bobolarimizga ichgan qasamingga binoan, bizga, Isroil xalqingga, baraka ber. O‘zing bizga bergan sut va asal oqib yotgan yurtga baraka ber.” Egangiz Xudo bugun sizlarga: “Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarga rioya qilinglar”, deb buyuryapti. Bularni bitta qoldirmay, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan bajaringlar. Bugun sizlar shunday deb aytdingiz: “Egamiz bizning Xudoyimiz, Uning yo‘lidan yuramiz, Uning farmonlariga, amrlariga, qonun–qoidalariga rioya qilamiz, Unga quloq solamiz.” Egamiz sizlarga bergan va’dasiga ko‘ra, bugun sizlarni O‘z xalqi, O‘z xazinasi, deb atadi. Uning barcha amrlariga rioya qilsangiz, U sizlarni O‘zi yaratgan barcha xalqlardan ustun qiladi. Sizlar maqtovlarga, shuhratu hurmatga erishasiz. Uning va’dasiga ko‘ra, Egangiz Xudoning muqaddas xalqi bo‘lasiz. Muso va Isroil oqsoqollari xalqqa shunday buyruq berishdi: — Bugun men sizlarga berayotgan barcha amrlarga rioya qilinglar. [2-4] Ko‘p o‘tmay sizlar Egangiz Xudo beradigan yurtga kirasizlar. Sut va asal oqib yotgan bu yurtni ota–bobolaringizning Xudosi sizlarga va’da qilgan. Sizlar Iordan daryosidan kechib o‘tganingizdan keyin, Ebal tog‘iga boringlar. O‘sha yerga katta toshlarni o‘rnashtiringlar. Ularni suvab, bu qonunlarning nusxasini yozinglar. *** *** O‘sha yerda Egangiz Xudoga atab, tosh qurbongoh quringlar. Qurbongohga temir asbob tekkizmanglar. Egangiz Xudoning bu qurbongohini yo‘nilmagan toshlardan quringlar. Qurbongoh ustida Egangiz Xudoga kuydiriladigan qurbonliklar keltiringlar. Tinchlik qurbonliklarini ham shu yerda keltirib, tanovul qilinglar. Egangiz Xudo oldida xursandchilik qilinglar. O‘rnatadigan toshlarga bu qonunning hamma so‘zlarini yozishni unutmanglar. Ularni o‘qish oson bo‘lsin. Shundan keyin Muso bilan levi ruhoniylari butun Isroil xalqiga aytdilar: — Tinchlaning, quloq soling, ey Isroil xalqi! Bugun sizlar Egangiz Xudoning xalqi bo‘ldingiz. Egangiz Xudoga quloq solinglar. Bugun men sizlarga berayotgan Uning amrlariga va farmonlariga rioya qilinglar. O‘sha kuni Muso xalqqa quyidagi buyruq berdi: Iordandan o‘tganlaringizdan keyin, xalqni duo qilish uchun quyidagi qabilalar Garizim tog‘ida tursinlar: Shimo‘n, Levi, Yahudo, Issaxor, Yusuf, Benyamin. La’natlar o‘qish uchun esa quyidagi qabilalar Ebal tog‘ida tursin: Ruben, Gad, Osher, Zabulun, Dan, Naftali. Levilar jamiki Isroil xalqiga baland ovoz bilan shunday desin: “O‘yma yoki quyma but yasagan, uni yashirincha o‘rnatgan har qanday odam la’nati bo‘lsin. Hunarmandlar qilgan bu butlardan Egamiz jirkanadi.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Otasini yoki onasini hurmat qilmagan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “O‘z qo‘shnisining chegarasini surgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Ko‘r odamni yo‘ldan adashtirgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Musofir, yetim va bevalarga nohaqlik qilgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Otasini sharmanda qilib, uning xotini bilan yotgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Birorta hayvon bilan jinsiy aloqa qilgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Otasining yoki onasining qizi bilan yotgan, o‘z opasi yoki singlisi bilan yotgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Qaynanasi bilan yotgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Odamni yashirincha o‘ldirgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Begunohni o‘ldirmoq uchun pora olgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. “Mana shu qonunga rioya qilmagan va uni bajarmagan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin. Agar Egangiz Xudoga itoat etib, men bugun aytayotgan Uning barcha amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, U sizlarni yer yuzidagi hamma xalqlardan ustun qiladi. Egangiz Xudoga itoat etsangiz, U sizlarga baraka beradi, baraka sizdan arimaydi. Egangiz sizga shaharda ham, dalada ham baraka beradi. Uvali–juvali bo‘lasizlar, yeringiz hosildor, mol–qo‘yingiz barakali bo‘ladi, sigirlaringiz bolalaydi, qo‘ylaringiz qo‘zilaydi. Suprangiz va bug‘doy solingan savatlaringiz barakali bo‘ladi. Uyda bo‘lganingizda ham, yo‘lga chiqqaningizda ham Egamiz sizga baraka beradi. Sizlarga hujum qilgan dushmanlaringizni mag‘lub qiladi. Ular sizlarga bir tomondan hujum qilib keladi, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochadi. Qilgan har bir ishingizni Egangiz Xudo barakali qiladi, omborlaringizni to‘ldiradi. U sizlarga berayotgan yurtda baraka beradi. Egangiz Xudoning amrlariga itoat etsangiz, Uning yo‘lidan yursangiz, Egamiz sizlarga qasam ichib va’da berganiday, sizlarni O‘zining muqaddas xalqi qiladi. Egamizga tegishli ekaningizni ko‘rib, yer yuzidagi barcha xalqlar sizlardan qo‘rqadigan bo‘ladi. Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, sizlarga beraman, deb va’da qilgan yurtda farovonlik ato qiladi. Uvali–juvali bo‘lasizlar, molingiz ko‘payadi, dalangizning hosili barakali bo‘ladi. Egamiz O‘zining osmondagi boy xazinasini ochib, vaqtida yeringizga yomg‘ir yog‘diradi, qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. Ko‘p xalqlarga qarz berasiz–u, o‘zingiz qarz olmaysiz. Bugun Egangiz Xudoning men sizlarga aytayotgan amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, Egamiz sizlarni dum emas, bosh qiladi. Sizlar pastda emas, balandda bo‘lasiz. Bugun men sizlarga aytayotgan amrlardan o‘ngga yoki chapga chiqmang, boshqa xudolarga ergashmang, ularga xizmat qilmang. Agar Egangiz Xudoga quloq solmasangiz, bugun men sizlarga aytayotgan Egamizning birorta amri yoki farmoniga rioya qilmasangiz, quyidagi la’natlar boshingizga keladi: Shaharda ham, dalada ham la’nati bo‘lasiz. Suprangiz va bug‘doy solingan savatlaringiz la’natlanadi. Farzandga zor bo‘lasiz, yeringiz hosil bermaydi, mol–qo‘yingiz ko‘paymaydi. Uyda bo‘lganingizda ham, yo‘lga chiqqaningizda ham la’nati bo‘lasiz. Egamizni tark etib, qabihliklar qilganingiz uchun, qilgan har bir ishingizda U sizlarni la’natga, balo–qazoga duchor qiladi. Ishingiz o‘ngidan kelmaydi. Oxiri, Egamiz ustingizga kulfat yog‘dirib, bir lahzada yo‘q qiladi. Mulk qilib oladigan yurtingizga Egamiz o‘lat yuborib, sizlarni yo‘q qiladi. U sizlarni isitma va yallig‘lanish bilan kechadigan tuzalmas kasallikka duchor qiladi. Jazirama issiq va qurg‘oqchilik yuborib, hosilingizni qovjiratadi, mog‘orlatadi. O‘lguningizcha bu kulfatlar orqangizdan quvadi. Tepangizdagi osmon bronza kabi qattiq, ostingizdagi yer temir kabi zarang bo‘ladi. Yo‘q bo‘lib ketguningizcha, Egamiz ustingizga yomg‘ir o‘rniga chang–to‘zon yog‘diradi. Egamiz sizlarni dushmanlaringiz oldida tiz cho‘ktiradi. Ularga bir tomondan hujum qilasizlar, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochasizlar. Yer yuzidagi barcha shohliklar ahvolingizni ko‘rib, dahshatga tushadi. Murdalaringiz osmondagi qushlarga, yerdagi yirtqich hayvonlarga yem bo‘ladi, ularni haydaydigan kimsa bo‘lmaydi. Egamiz sizlarni Misrliklarga toshtirgan chipqonga, yiring bog‘laydigan yaralarga, qo‘tir va qichimalarga mubtalo qiladi. Bu xastaliklarga davo topolmaysiz. Egamiz sizlarni jinni, ko‘r va ovsar qilib qo‘yadi. Ko‘r odam qorong‘ida paypaslanib yurganday, sizlar kuppa–kunduzi paypaslanib yurasizlar. Ishlaringiz yurishmaydi, xor bo‘lasizlar, sizlarni talon–taroj qiladilar, hech kim sizlarni qutqarmaydi. Bir qiz bilan unashtirilasiz, ammo u bilan boshqasi yotadi. Uy qurasiz–u, uyingizda yashamaysiz, uzumzor ekasiz–u, mevasidan yemaysiz. Molingizni ko‘z oldingizda so‘yishadi, lekin go‘shtini yemaysiz. Eshagingizni ko‘z oldingizdan o‘g‘irlab ketishadi, qaytib berishmaydi. Qo‘ylaringiz dushmanlaringizga beriladi. Sizlarga hech kim yordam bermaydi. O‘g‘illaringiz, qizlaringiz ko‘z oldingizda boshqa xalqlarga beriladi. Ular tomon talpinasiz–u, biror narsa qilishga ojiz bo‘lasiz. Yeringiz hosilidan, mehnatingiz samarasidan begona xalqlar bahramand bo‘ladi. Sizni esa har kuni ezishadi, xor qilishadi. Ko‘zlaringiz bilan ko‘rgan voqealardan jinni bo‘lib qolasiz. Egamiz oyoqlaringizga tuzalmas yaralar toshtiradi. Butun badaningizga boshdan–oyoq chipqon chiqadi. Egamiz sizlarni va ustingizdan qo‘ygan shohni o‘zlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan xalq oldiga haydab boradi. U yerda yog‘och va toshdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasiz. Egamiz sizlarni o‘sha begona xalqlarga olib borganda, ular ahvolingizdan dahshatga tushadi. Sizlar ularga masxara, kulgi bo‘lasiz. Dalaga ko‘p urug‘ ekasiz, lekin kam hosil olasiz. Hosilingizni chigirtkalar yeb bitiradi. Uzumzorlar barpo qilasiz, parvarishlaysiz, lekin sharobidan ichmaysiz, uzumini termaysiz. Ularga qurt tushadi. Yerlaringizda zaytun daraxtlari o‘sadi, lekin ustingizga zaytun moyi surtmaysiz. Zaytun mevalari to‘kilib ketadi. O‘g‘il–qizlar ko‘rasiz, lekin ular o‘zingizga buyurmaydi, ularni asir qilib olib ketishadi. Hamma daraxtlaringizdagi mevalarni va yeringiz hosilini chigirtkalar yeb, nobud qiladi. Orangizdagi musofirlar yanada ko‘tariladi, sizlar esa yanada pasayasiz. Ular sizlarga qarz beradi, sizlar esa ularga qarz berolmaysiz. Ular bosh bo‘ladi, sizlar esa dum bo‘lasiz. Egangiz Xudoga itoat etmaganingiz uchun, U sizlarga aytgan amrlarni va farmonlarni bajarmaganingiz uchun, mana shu la’natlar boshingizga keladi, orqangizdan quvib, sizlarga yetib olib halok qiladi. Bu la’natlar to abad sizlar va avlodlaringiz uchun Xudo bergan jazoning isboti bo‘ladi. Hamma narsa mo‘l–ko‘l bo‘lganda, sizlar Egangiz Xudoga xursandchiligu quvonch bilan xizmat qilmadingiz. Shuning uchun Egamiz yuborgan dushmanlarga xizmat qilasiz, och, tashna, yalang‘och, muhtoj bo‘lib qolasiz. Dushmanlaringiz sizlarga temir bo‘yinturuq soladi, hammangizni nobud qiladi. Egamiz boshingizga uzoqdan, yer yuzining u chetidan burgutday bir xalqni yuboradi. Sizlar bu xalqning tilini tushunmaysiz. Bu xalq qo‘rqinchli, kattalarni hurmat qilmaydi, kichiklarga rahm–shafqat ko‘rsatmaydi. Sizlarni xonavayron qilmaguncha, mollaringizni, yeringizning hosilini yeyishadi. Sizlarga na donni, na sharobni, na zaytun moyini, na podangizdagi buzoqlarni, na suruvingizdagi qo‘zilarni qoldirishadi. Shunda sizlar yo‘q bo‘lib ketasizlar. Egangiz Xudo sizlarga berayotgan yurtdagi hamma shaharlarni ular qamal qilishadi. Siz suyangan baland va mustahkam devorlarni vayron qilishadi. Qamal paytida dushmanlaringiz boshingizga solgan kulfat tufayli o‘z farzandlaringizni, Egangiz Xudo sizlarga bergan o‘g‘il–qizlaringizning etini yeysizlar. Oralaringizdagi eng muloyim, eng diyonatli erkak ham tug‘ishgan akasidan, suyukli xotinidan, sog‘ qolgan bolalaridan etni qizg‘anadi. O‘zi yeyayotgan bolalarining etidan hech kimga bermaydi, bundan boshqa chorasi ham bo‘lmaydi. Chunki dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qo‘yadi. Oralaringizdagi eng muloyim, eng nozik ayol, nozikligidan oyog‘ini yerga qo‘yishni ham istamaydigan ayol, sevikli eridan, o‘g‘li va qizidan etni qizg‘anadi. Ochlikdan u, hatto, oyoqlari orasidan chiqqan yo‘ldoshni va o‘zi tuqqan bolalarni yashirincha yeydi. Dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qo‘yadi. Egangiz Xudoning buyuk va haybatli nomidan qo‘rqmasangiz, shu kitobda yozilgan qonunning hamma so‘zlarini bajarmasangiz, Egamiz o‘zlaringizni va avlodlaringizni og‘ir va doimiy kulfatlarga, yomon, tuzalmaydigan xastaliklarga giriftor qiladi. Sizlarni vahimaga tushiradigan barcha Misr xastaliklarini boshingizga soladi, ulardan hech qachon shifo topmaysiz. Sizlar yo‘q bo‘lguningizcha, Egamiz mana shu qonun kitobida yozilmagan boshqa xastaligu ofatlarni ham boshingizga keltiraveradi. Sizlar osmondagi yulduzlar kabi ko‘p edingizlar, ammo Egangiz Xudoga quloq solmaganingiz uchun sanoqli bo‘lib qolasizlar. Egamiz sizlarga yaxshilik qilib, sizlarni ko‘paytirgandan qanchalik mamnun bo‘lgan bo‘lsa, sizlarni halok qilib yo‘q qilgandan ham shunchalik mamnun bo‘ladi. Mulk qilib oladigan yurtingizdan sizlarni sug‘urib, uloqtirib tashlaydi. Egamiz sizlarni dunyoning u chetidan bu chetigacha hamma xalqlar orasiga tarqatib yuboradi. U yerda o‘zlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan, tosh va yog‘ochdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasizlar. Lekin bu xalqlar orasida orom topolmaysizlar, oyoq uzatib dam olishingiz uchun joy bo‘lmaydi. Egamiz sizlarga titroq yurak, xira ko‘z, umidsiz ruh beradi. Hayotingiz qil ustida turgandek bo‘ladi, kechasiyu kunduzi o‘limdan qo‘rqib yashaysiz. Yuragingizdagi qo‘rquv va ko‘zlaringiz ko‘rayotgan voqealar tufayli ertalab: “Qaniydi, kechqurun bo‘lsa”, kechqurun esa: “Qaniydi, ertalab bo‘lsa”, deysizlar. Egamiz sizlarga, Misrga qaytib bormaysizlar, deb aytgan bo‘lsa–da, U sizlarni kemalarda Misrga qaytarib jo‘natib yuboradi. O‘sha yerda, dushmanlarimizga qul va cho‘ri bo‘lib sotilsaydik, deb harakat qilasizlar, lekin sizlarni sotib oladigan xaridorlar bo‘lmaydi. [1-2] Egamiz Isroil xalqi bilan Sinay tog‘ida qilgan ahdidan tashqari, Musoga Mo‘abda Isroil xalqi bilan ahd qilishni amr etgan edi. Muso butun Isroil xalqini yig‘ib, o‘sha ahd shartlarini ularga quyidagicha tushuntirdi: Egamiz Misrda fir’avnni, uning a’yonlarini, butun yurtini ko‘z oldingizda nimalar qilganini ko‘rdingizlar. *** Og‘ir sinovlarning, dahshatli alomatu mo‘jizalarning guvohi bo‘ldingizlar. Lekin shu paytgacha Egamiz sizlarga anglaydigan ong, ko‘radigan ko‘z, eshitadigan quloq bermadi. U sizlarni qirq yil sahroda olib yurdi. Shu davrda kiyimingiz eskirmadi, oyog‘ingizdagi chorig‘ingiz to‘zimadi. Non yemadingiz, sharob, o‘tkir ichimlik ichmadingiz. Bularning hammasini U Egangiz Xudo ekanligini bilishingiz uchun qildi. Mana shu yerga kelganimizda Xashbon shohi Sixo‘n bilan Bashan shohi O‘g bizga hujum qilishdi. Biz jang qilib ularni yengdik. Ularning yerini tortib olib, Ruben va Gad qabilasiga hamda Manashe qabilasining yarmiga mulk qilib berdik. Shunday ekan, qiladigan ishlaringiz o‘ngidan kelishi uchun mana shu ahd shartlarini bitta qoldirmay bajaringlar. Bugun hammangiz — qabila boshliqlari, oqsoqollar, nazoratchilar, barcha Isroil erkaklari, bolalar, xotinlar, orangizdagi musofirlar, o‘tin yoruvchidan tortib, suv tortuvchilargacha Egangiz Xudo oldida turibsizlar. Bugun Egangiz Xudo bilan ahd qilasizlar. Bu ahdni Egangiz Xudo O‘z qasami bilan muhrlaydi, toki bugundan boshlab sizlar Uning xalqi, U esa sizning Xudoyingiz bo‘lsin. U bunday qilishini sizlarga va ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga qasam ichib va’da qilgan edi. [14-15] Mana, bugun sizlar biz bilan birga Egamiz Xudoning huzurida turibsizlar. Bu ahd va qasamyodni Xudo nafaqat biz bilan, balki hali dunyoga kelmagan avlodlarimiz bilan qilyapti. *** Misrda qanday turmush kechirganimizni, boshqa xalqlarning hududidan qanday qilib o‘tib kelganimizni sizlar bilasizlar. Ularning toshdan, yog‘ochdan, kumushdan va oltindan yasalgan jirkanch butlarini ko‘rdingizlar. Ehtiyot bo‘ling, oralaringizda Egamiz Xudodan yuragi sovigan, o‘sha xalqlarning xudolariga xizmat qiladigan erkak, ayol, nasl yoki qabila bo‘lmasin. Oralaringizda zaharli, achchiq ildiz o‘smasin. Bordi–yu, orangizdagi biror odam bu ahd shartlarini eshitib, ko‘nglida: “O‘zim xohlagan ishni qilsam ham, menga hech narsa qilmaydi”, deb o‘ylasa, u hammaning boshiga birday kulfat keltiradi. Egamiz bunday odamdan qattiq g‘azablanadi, uni kechirmaydi. Mana shu Tavrot kitobida yozilgan ahdning la’natlari uning boshiga keladi, Egamiz uning nomini yer yuzidan o‘chiradi. Egamiz uni Isroil qabilalari orasidan ajratib oladi–da, mana shu Tavrot kitobida yozilgan ahdning barcha la’natlarini uning ustiga yog‘diradi. Sizlardan keyingi avlod, sizlarning farzandlaringiz, uzoq yurtdan kelgan musofirlar Egamiz shu yurtga keltirgan ofatlar va xastaliklarni ko‘radi. Butun yurtni oltingugurt va tuz kuydirib tashlagan bo‘ladi. U yerga hech nima ekib bo‘lmaydi, hech narsa unmaydi, hech qanday o‘t o‘smaydi. Yurtingiz Egamiz g‘azab ustida yo‘q qilgan Sado‘m, G‘amo‘ra, Adma va Zavo‘yim shaharlariga o‘xshab qoladi. Barcha xalqlar shunday deydi: “Nima uchun bu xalqning Egasi bu yurtni shunday ahvolga soldi ekan–a? Bunday g‘azab sochishning sababi nima ekan–a?” Keyin ular shunday aytishadi: “Eh–ha, bu xalq ota–bobolarining Xudosi bilan qilgan ahdidan kechdi. Egasi ularni Misrdan olib chiqqanda ular bilan bu ahdni tuzgan edi. Ular O‘z Egasidan yuz o‘girib, begona xudolarga xizmat qilishdi. O‘zlari bilmagan, Egasi tayinlamagan xudolarga sajda qilishdi. Shu sababdan Egasi g‘azabini sochdi. Mana shu kitobda yozilgan la’natlarning hammasini bu yurtga yog‘dirdi. U qattiq jahl bilan, kuchli qahr–g‘azab bilan xalqini o‘z yurtidan sug‘urib olib, boshqa yurtga uloqtirib yubordi. Ular bugungacha o‘sha yurtlardadir.” Sirlar Egamiz Xudoga tegishlidir. Ammo U qonunni bizga ayon qildi, toki biz farzandlarimiz bilan bu qonun shartlariga to abad amal qilaylik. Men sizlarga aytgan mana shu barakalar yoki la’natlar boshingizga kelganda, Egangiz Xudo sizlarni tarqatib yuborgan xalqlar orasida bularni esga olinglar. O‘zlaringiz va farzandlaringiz Egangiz Xudoga qaytinglar. Men bugun sizlarga amr qilayotganday, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Unga quloq solinglar. Shunda Egangiz Xudo sizlarni yana farovonlikka erishtiradi. Sizlarga rahm–shafqat qilib, O‘zi tarqatib yuborgan barcha xalqlar orasidan qaytarib yig‘ib keladi. Yer yuzining to‘rt tarafiga tarqalib ketgan bo‘lsangiz ham, Egangiz Xudo sizlarni o‘sha yerlardan yig‘ib oladi, o‘sha yurtlardan qaytarib olib keladi. Egangiz Xudo sizlarni ota–bobolaringiz egalik qilgan yurtga olib keladi. O‘sha yurtga egalik qilganlaringizda, Egamiz sizlarni baxtiyor qiladi. Sizlarni ota–bobolaringizdan ham ko‘proq qilib ko‘paytiradi. Egangiz Xudo sizlarning yuragingizni, avlodlaringizning yuragini sunnat qiladi. Shunda siz Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan sevasiz, hayotga ega bo‘lasiz. Egangiz Xudo barcha la’natlarni sizdan nafratlangan, sizni quvgan dushmanlaringiz boshiga yog‘diradi. Sizlar yana Egamizga quloq solasizlar. Men bugun sizlarga berayotgan Uning amrlariga rioya qilasizlar. Qiladigan har bir ishingizni Egangiz Xudo muvaffaqiyatli qiladi. Uvali–juvali bo‘lasizlar, molingiz ko‘payadi, yeringiz hosili barakali bo‘ladi. U ota–bobolaringizga bergan farovonlikdan qanchalik mamnun bo‘lgan bo‘lsa, sizlarga beradigan farovonlikdan ham shunchalik mamnun bo‘ladi. Shuning uchun Egangiz Xudoga itoat eting. Butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan mana shu Tavrot kitobida yozilgan amr va farmonlarga rioya qilib, Egamizga qayting. Men bugun buyurayotgan amr sizlar uchun unchalik qiyin emas, yoki sizlar yetib bora olmaydigan darajada uzoqda emas. U osmonda emaski, sizlar: “Kim biz uchun osmonga chiqib, amrni olib beradi, toki biz eshitib, bajarsak?” desangizlar. U dengizning narigi tomonida emaski, sizlar: “Kim biz uchun dengizning narigi tomoniga borib, u amrni olib keladi, toki biz eshitib, bajarsak?” — desangizlar. Aksincha! Bu amr sizning yaqiningizdadir, og‘zingizda, yuragingizdadir, shuning uchun uni bajara olasizlar. Bugun men sizlarga hayot bilan farovonlikni yoki o‘lim bilan kulfatni tanlash imkoniyatini beryapman. Men bugun sizlarga: “Egangiz Xudoni seving, Uning yo‘lidan yuring, Uning amrlariga, farmonlariga, qonun–qoidalariga rioya qiling”, deb buyuryapman. Shunda sizlar yashaysizlar, ko‘payasizlar, mulk qilib oladigan yurtingizda Egangiz Xudo sizlarga baraka beradi. Lekin sizlarga shuni aytib qo‘yayki, agar yuragingizni bursangiz, quloq solmasangiz, yo‘ldan ozib, boshqa xudolarga sig‘insangiz, ularga xizmat qilsangiz, sizlar albatta yo‘q bo‘lasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda ko‘p yashamaysizlar. Bugun men sizlarga hayotni yoki o‘limni, barakalarni yoki la’natlarni tanlash imkoniyatini berdim. Bunga yeru osmonni guvoh qilib chaqirdim. Hayotni tanlang, shunda o‘zlaringiz ham, avlodlaringiz ham yashaysizlar. Egangiz Xudoni seving, Unga quloq soling. Unga sodiq bo‘ling, chunki U sizning hayotingizdir. Egamiz ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq, Yoqubga qasam ichib beraman, degan yurtda sizning umringizni uzoq qiladi. Muso butun Isroil xalqiga yuqoridagi so‘zlarni aytib bo‘lgandan keyin, shunday dedi: — Hozir 120 yoshdaman, men sizlarni janglarga boshlab bora olmayman. Egamiz menga: “Sen Iordanning narigi tomoniga o‘tmaysan”, deb aytgan. Sizlar Egangiz Xudoning boshchiligida Iordanning narigi tomoniga o‘tasizlar. Egangiz u yerda yashaydigan xalqlarni yo‘q qiladi. Sizlar ularning yurtiga egalik qilasizlar. Egamizning va’dasiga ko‘ra, Yoshua sizlarning yo‘lboshchingiz bo‘ladi. Egamiz Amor xalqining shohlari O‘g bilan Sixo‘nni mag‘lub qilib, ularning yurtini yo‘q qilganday, bu xalqlarni ham xuddi shunday yo‘q qiladi. Egamiz bu xalqlarni sizlarning qo‘lingizga topshiradi. Ularni xuddi men buyurganimday qilishingiz shart. Dadil va botir bo‘linglar, ulardan qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar. Egangiz Xudoning O‘zi sizlar bilan birga boradi, sizlarni tashlab ketmaydi, sizlarni tark etmaydi. Muso Yoshuani chaqirib, butun Isroil xalqi oldida unga shunday dedi: — Dadil va botir bo‘l. Egamiz, bu yurtni ota–bobolaringizga, avlodlaringizga beraman, deb qasam ichib va’da qilgan. Bu xalq bilan o‘sha yurtga sen kirasan. Sen orqali ular o‘sha yurtni mulk qilib olishadi. Egamiz sening oldingda boradi, O‘zi sen bilan birga bo‘ladi, seni tashlab ketmaydi, tark etmaydi. Qo‘rqma, vahimaga tushma. Muso mana shu qonunni yozib, uni Egamizning ahd sandig‘ini olib yuradigan Levi avlodidan bo‘lgan ruhoniylarga va Isroilning hamma oqsoqollariga berdi. So‘ngra Muso ularga shunday amr qildi: — Har yettinchi yilning oxirida, qarzlaringizdan kechish yili Chayla bayramini nishonlaganingizda mana shu qonunni o‘qinglar. Egangiz Xudoning tanlagan joyiga, Uning huzuriga yig‘iladigan jamiki Isroil xalqiga bu qonunni baland ovoz bilan o‘qib beringlar. Buning uchun erkagu ayolni, bola–chaqani, shahringizdagi musofirlarni, boringki, butun xalqni yig‘inglar. Ular eshitib o‘rganishsin, Egangiz Xudodan qo‘rqishsin. Mana shu qonunning barcha so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin. Sizlar Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda yashar ekansiz, umringiz davomida shunday qilinglar. Toki qonunni bilmaydigan bolalaringiz qonunni eshitib, Egangiz Xudodan qo‘rqishni o‘rganishsin. Egamiz Musoga dedi: — O‘liming yaqinlashib qoldi, Yoshuani chaqir, ikkovingiz Uchrashuv chodiriga kelinglar. Men unga ko‘rsatmalarimni beraman. Muso bilan Yoshua Uchrashuv chodiriga borib turishdi. Keyin Egamiz chodirning kirish joyida, ustun shaklidagi bulut ichida ko‘rindi. Egamiz Musoga aytdi: “Sening vaqti–soating yaqinlashib qoldi. Bu xalq esa boradigan yurtda Menga bevafolik qiladi, o‘sha yurtning begona xudolariga sajda qiladi. Ular Meni tark etadilar, ular bilan qilgan ahdimni buzadilar. Shunda ularga g‘azabimni sochaman, ularni tark etib, yuzimni o‘giraman. Ular oson olinadigan o‘ljaday bo‘lib qolishadi, ko‘p kulfat va ofatlar boshlariga kelgan kuni: ‘Xudoyimiz oramizda bo‘lmagani uchun shu kulfatlar boshimizga tushmadimikin?!’ deyishadi. Ular boshqa xudolarga ergashib, qilgan qabihliklari uchun, Men albatta ulardan yuzimni o‘giraman. Endi quyidagi qo‘shiq so‘zlarini yozib ol. Uni butun Isroil xalqiga o‘rgat. Bu qo‘shiq doimo ularning og‘zida bo‘lsin, Isroil xalqiga qarshi Mening guvohim bo‘lsin. Men ularni, ota–bobolariga qasam ichib va’da berganimday, sut va asal oqib yotgan yurtga olib kiraman. Ular yeb to‘yib semiradilar, keyin boshqa xudolarga yuz buradilar, o‘sha xudolarga xizmat qiladilar. Mendan yuz o‘girib, ahdimni buzadilar. Boshlariga ko‘p kulfat va ofatlar kelganda, bu qo‘shiq ularga qarshi guvoh bo‘ladi. Chunki ularning avlodlari bu qo‘shiqni og‘zilaridan tushirmaydi. Men qasam ichib, va’da bergan yurtga ularni olib kirmasimdan oldin, hozirdanoq niyatlarini bilib turibman.” Muso o‘sha kuni qo‘shiqni yozib, Isroil xalqiga o‘rgatdi. Egamiz Nun o‘g‘li Yoshuaga shunday amr qildi: — Dadil va botir bo‘l. Sen Isroil xalqini Men ularga va’da qilgan yurtga olib kirasan. Men sen bilan birga bo‘laman. Muso qonunning hamma so‘zlarini oxirigacha yozib bo‘lgach, Egamizning ahd sandig‘ini olib yuradigan levilarga shunday buyruq berdi: — Bu Tavrot kitobini Egangiz Xudoning ahd sandig‘iga solib qo‘yinglar. Bu qonun o‘sha yerda sizlarga qarshi guvoh bo‘lib tursin. Men sizlarning itoatsizligingizni, o‘jarligingizni yaxshi bilaman. Borligimda Egamizga bo‘ysunmaysizlar–u men o‘lganimdan keyin battar bo‘lasizlar! Qani, barcha qabila oqsoqollaringizni va nazoratchilaringizni oldimga yig‘ib kelinglar. Men ularga shu so‘zlarni aytayin. Yer va osmon ularga qarshi guvoh bo‘lsin. O‘limimdan keyin sizlar buzilib ketishingizni, men ko‘rsatgan yo‘ldan chiqib ketishingizni bilaman. Boshingizga kulfatlar tushadi, chunki Egamizning oldida qabihliklar qilasizlar. Qilgan ishlaringiz bilan Uni g‘azablantirasizlar. Muso jamiki Isroil jamoasi oldida quyidagi qo‘shiqni boshdan oxirgacha aytdi: Ey samo, quloq sol, men gapiraman. Ey zamin, og‘zimdan chiqqan so‘zlarni eshit. Ta’limotim yomg‘ir kabi yog‘sin, So‘zlarim shudring kabi tushsin, Maysalarni siypalaydigan yomg‘ir tomchilariday, O‘tlar ustiga yog‘adigan mo‘l yomg‘irday bo‘lsin. Egamizning nomini ulug‘layman! Xudoyimizning buyukligiga hamdlar o‘qing! U suyangan Qoyam, Uning ishlari komil, Hamma yo‘llari adolatlidir. Xudo sadoqatlidir, Unda yolg‘on yo‘q, U haq va odildir. Ammo sizlar Unga sodiq qolmadingiz! Ey buzuq va egri nasl, Endi sizlar Uning farzandlari, deb atalmaysiz, Bu sizlarning isnodingizdir. Egamizga shunday qaytarasizmi, Ey ahmoq, nodon xalq?! U sizlarni yaratgan Otangiz–ku! Sizga shakl bergan Yaratuvchingiz–ku! Qadimgi kunlarni eslang, Uzoq o‘tmishni o‘ylang. Otalaringizdan so‘rang, u sizlarga aytib beradi, Oqsoqollardan so‘rang, sizlarga gapirib berishadi. Xudoyi Taolo xalqlarga yerni bo‘lib berganda, Odamzodni yer yuziga tarqatganda, Xalqlarning chegaralarini, Ilohiy zotlar soniga ko‘ra, belgilagandi. Yoqub naslini esa Egamiz O‘ziga ulush qilib oldi, Isroilni O‘z nasibasi qildi. Egamiz Isroilni sahrodan, Uvullaydigan dashtdan topib oldi. Uni O‘z bag‘riga oldi, Unga g‘amxo‘rlik qilib, Ko‘z qorachig‘iday saqladi. Go‘yo burgut inidagilarni uyg‘otib, O‘z polaponlari uzra aylanganday, Qanotlarini yoyib, polaponlarini ko‘targanday, Qanotlari ustida ularni olib yurganday, Egamizning yolg‘iz O‘zi Isroilni olib yurdi, Yonida boshqa xudo yo‘q edi. Yerning cho‘qqilariga Isroilni hukmdor qildi, Dalaning hosili bilan uni to‘ydirdi. Toshdan chiqqan asal bilan, Toshloq yerda o‘sgan zaytunlarning moyi bilan boqdi. Sigir qatig‘iyu echki suti bilan, Qo‘zichoq va qo‘y dumbasi bilan, Bashan qo‘chqoriyu buzoqlari go‘shti, A’lo bug‘doy bilan boqdi. Uzumdan qilingan a’lo sharobdan ichirdi. Azizim Isroil semirib, o‘jar bo‘ldi. U semirib, shishib ketdi, oxiri bo‘kib qoldi. O‘zini yaratgan Xudodan yuz o‘girib, O‘z najot Qoyasini xor qildi. Boshqa xudolarga sajda qilib, Uning rashkini keltirdi. Jirkanchli butlar bilan Uning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Xudoga emas, jinlarga qurbonlik keltirdi. Bu xudolarni o‘zlari bilmas edi, Bu xudolar yaqinda paydo bo‘lgan, Ota–bobolari ulardan qo‘rqmagan edi. Evoh, ey Isroil, seni tuqqan Xudoni eslamading, Seni dunyoga keltirgan Qoyani unutding. Egamiz bularni ko‘rib, ularni rad etdi, O‘z o‘g‘il–qizlari Uning g‘azabini keltirgandi. U shunday dedi: “Bu xalqdan yuzimni o‘giraman, Ularning ahvoli nima bo‘lishini ko‘raman. Axir, ular egri nasl, sadoqatsiz farzandlardir. Ular Xudo bo‘lmagan butlar bilan rashkimni keltirdilar, Betayin xudolari bilan g‘azabimni qo‘zg‘atdilar. Men ham xalq bo‘lmaganlar bilan ularning rashkini keltiraman, Aqlsiz bir xalq bilan g‘azabini qo‘zg‘ataman. G‘azabimdan olov chiqadi, O‘liklar diyorining eng chuqur joyigacha yondiradi, Yerni, hosilini kuydiradi, Tog‘ poydevorini kul qiladi. Ularga kulfat ketidan kulfat keltiraman, O‘qlarimni bitta qo‘ymay ularga otaman: Ochlik ularning sillasini quritadi, Isitma yondirib kuydiradi, Ofat jonlarini oladi. Yovvoyi hayvonlar ularni tilka–pora qiladi, Yerda sudraladigan ilonlar zahrini sochadi. Ko‘chalarda yigitu qizlarni qilich halok qiladi, Uylarda esa chaqalog‘u oq sochli keksalarni vahima o‘ldiradi. Ha, Men ularni sochib tashlagan bo‘lardim, Odamlar orasidan ularning xotirasini o‘chirib yuborgan bo‘lardim, Ammo dushmanning mazaxidan hayiqdim, G‘animlar noto‘g‘ri tushunmasin, dedim. ‘Isroilni Egasi emas, biz mag‘lub qildik’, deb O‘ylamasin dedim.” Isroil aqlini yo‘qotgan, idroksiz xalqdir. Agar ularda aql bo‘lsa edi, tushunardi, Oqibati nima bo‘lishini bilardi. Ana, Egasi Isroilni tark etdi, Suyangan Qoyasi ularni dushmanga berib qo‘ydi. Aks holda bir kishi Isroilning mingtasini ta’qib qila olarmidi?! Ikki kishi Isroilning o‘n mingtasini hayday olarmidi?! Hatto dushmanlari tan oladi, Isroil Xudosi qudratli Qoya ekanligini. Isroilning dushmanlari uzum tokiga o‘xshar, Sado‘m va G‘amo‘ra dalalarida o‘sar, Uzumzorlarining mevasi zaharli, Uzumlari og‘u singari achchiqdir. Ularning sharobi ajdarho zahri, Ilonlarning qo‘rqinchli og‘usidir. Egamiz shunday deydi: “Men Isroil dushmanlarini Nimalar qilishni dilimda tutaman, O‘shalarni xazinamda saqlayman. Ularning oyoqlari chalishganda Men qasos olaman, jazosini beraman. Ularning halokat kuni yaqindir, Ularning qismati hal bo‘ladi.” Egamizning xalqi kuchdan qolganda, Erkinu erksizlar nobud bo‘lganda, Egamiz O‘z xalqini oqlaydi, O‘z qullariga rahm–shafqat qiladi. Shunda Egamiz O‘z xalqidan so‘raydi: “Ishongan xudolaringiz qani?! Siz panoh olgan qoyangiz qani?! Sizlar o‘shalarga qurbonlik yog‘idan yedirdingiz, Nazr sharobidan ichirdingiz. Endi ular kelib, sizlarga yordam bersin! O‘shalar sizga qalqon bo‘lib ko‘rsin! Bilib qo‘ying, Men yagonaman! Mendan boshqa Xudo yo‘qdir. O‘ldiradigan Menman, Hayot beradigan ham Menman, Jarohat yetkazadigan Menman, Shifo beradigan ham Menman. Mening qo‘limdan hech kim qutula olmaydi. Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi, Qo‘limni osmonga ko‘tarib, ont ichib aytamanki: Men yaltiroq qilichimni charxlayman, Adolat o‘rnata boshlayman. Dushmanlarimdan qasos olaman, Mendan nafratlanganlarga qaytaraman. Halok bo‘lganlar va asirlarning qoni bilan O‘qlarimni mast qilaman, Yov lashkarboshilarning kallalari bilan Qilichimni etga to‘ydiraman.” Ey ellar, Uning xalqi bilan shodlaning, U qullarining o‘limi uchun o‘ch oladi. Dushmanlaridan qasos olib, Yurti va xalqini gunohdan poklaydi. Muso Nun o‘g‘li Yoshua bilan birga bu qo‘shiqning barcha so‘zlarini ovoz chiqarib, xalqqa aytib berdi. Muso mana shu so‘zlarning hammasini butun Isroil xalqiga aytib bergandan keyin, ularga shunday dedi: — Bugun men sizlarni ogohlantirib, aytgan so‘zlarning hammasini yuragingizda saqlang. Bolalaringizga ham buyuring, mana shu qonunning so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin. Bu shunchaki quruq so‘zlar emas, balki sizlarning hayotingizdir. Mana shu so‘zlar tufayli sizlar mulk qilib oladigan Iordanning narigi tomonidagi yurtda uzoq yashaysizlar. Egamiz o‘sha kuni Musoga shunday dedi: — Aborim tizmasidagi Navo tog‘iga chiq. Bu tog‘ Yerixo shahri ro‘parasidagi Mo‘ab yurtida joylashgan. U yerdan Men Isroil xalqiga mulk qilib berayotgan Kan’on yurtiga qara. Akang Horun Xo‘r tog‘ida olamdan o‘tganday, sen ham o‘zing chiqadigan tog‘da olamdan o‘tasan. Ikkovingiz Isroil xalqining oldida Menga sadoqatsizlik qilgan edingiz. Sizlar Zin cho‘lida, Mariva suvlari bo‘yidagi Kadesh yonida Isroil xalqiga muqaddasligimni namoyon qilmagan edingiz. Shuning uchun sen o‘sha yurtni uzoqdan ko‘rasan. Men Isroil xalqiga berayotgan o‘sha yerga sen kirmaysan. Xudoning odami Muso o‘limidan oldin Isroil xalqini quyidagi so‘zlar bilan duo qildi: “ Egamiz Sinay tog‘idan O‘z xalqiga keldi, Seir yurti uzra quyoshday porladi, Poron tog‘idan nur sochdi. O‘n minglarcha farishta U bilan keldi, O‘ng qo‘lida otashin olov bor edi. Darhaqiqat, Egamiz O‘z xalqini sevadi, Unga bag‘ishlangan odamlarni himoya qiladi. Ular Egamizga ta’zim qiladilar, Undan ko‘rsatmalar oladilar. Muso Isroil xalqiga bergan ushbu qonun Yoqub naslining bebaho mulkidir. Isroil qabilalari yig‘ilganda, Xalq yo‘lboshchilari to‘planganda, Egamiz aziz Isroilga shoh bo‘ldi.” Muso Ruben qabilasi haqida shunday dedi: “Ruben qabilasi yashasin, o‘lmasin, Soni kam bo‘lsa–da, omon bo‘lsin.” Yahudo qabilasi haqida shunday dedi: “Ey Egam, Yahudoning ovozini eshitgin, Uni boshqa qabilalar bilan birlashtirgin. U o‘z qo‘llari bilan o‘zini himoya qilmoqda, Dushmanlariga qarshi unga madad bergin.” Levi qabilasi haqida shunday dedi: “Ey Egam, Sen Urim bilan Tummimni Taqvodor Leviga berding. Uni Massaxda sinab ko‘rding, U bilan Mariva suvlarida bellashding. U ota–onasidan, aka–ukasidan, Bola–chaqasidan Seni ustun ko‘rdi. Sening amrlaringni bajardi, Ahdingga sodiq qoldi. Yoqub nasliga qoidalaringni, Isroil xalqiga qonuningni o‘rgatadi, Huzuringda tutatqilar tutatib, Qurbongohingda qurbonliklar kuydiradi. Ey Egam, uning davlatiga baraka bergin, Qilgan ishlaridan mamnun bo‘lgin. Yovlarining belini sindirgin, Undan nafratlanganlar qaytib turolmasin.” Benyamin qabilasi haqida u shunday dedi: “Egamizning suyukligi bexatar yashaydi, Xudoyi Taolo doim uni asraydi, U Xudoning quchog‘ida orom oladi.” Yusuf qabilasi haqida shunday dedi: “Egamiz uning yeriga baraka bersin. Osmon yomg‘iri, yer osti suvi bilan barakalasin. Quyoshga to‘ygan a’lo hosillar bersin, O‘z mavsumida mo‘l mevalar yetishtirsin. Qadimiy tog‘larning asil unumini, Ko‘hna adirlarning serob barakasini bersin. Yerning a’lo in’omlari Yusufga nasib etsin, Yongan buta orasida zohir bo‘lgan Xudoning muruvvatiga muyassar qilsin, Aka–ukalari orasidan tanlangan Yusufga bular buyursin. Birinchi tug‘ilgan buqaday qudratlidir u! Uning shoxlari yovvoyi buqaning shoxlaridaydir. Bir shoxi Efrayimning tuman lashkaridir, Boshqa shoxi Manashening minglab jangchilaridir. Bu shoxlari bilan Yusuf xalqlarni quvadi, Yer yuzining chetigacha ularni haydab boradi.” Zabulun va Issaxor qabilasi haqida shunday dedi: “Zabulun safarga chiqqanda xursand bo‘lsin, Issaxor esa chodirlarida shodlansin. Ular butun xalqni toqqa chaqiradi, U yerda ma’qul qurbonliklar keltiradi, Dengizning boyligi bilan, Qumdagi xazina bilan oziqlanadi.” Gad qabilasi haqida shunday dedi: “Gadning yerini kengaytirgan Xudoni olqishlang! Gad bir arslon kabi yashaydi, Qurbonining qo‘lu boshini uzib tashlaydi. U o‘zi uchun yerning a’losini oldi, Yo‘lboshchining ulushi unga berildi. Xalqning yo‘lboshchilari yig‘ilganda Gad Xudoning odil irodasini bajardi, Xudoning Isroil uchun chiqargan qarorini ado etdi.” Dan qabilasi haqida shunday dedi: “Dan yosh sherga o‘xshar, U Bashandan sakrab chiqar.” Naftali qabilasi haqida shunday dedi: “Egamizning muruvvati Naftaliga yor! Barakasi uni to‘ldirdi bisyor! G‘arbu janubga u egalik qilar.” Osher qabilasi haqida shunday dedi: “O‘g‘illar orasida Osher eng barakalisidir, Aka–ukalari uni afzal ko‘rsin, Oyog‘i zaytun moyida bo‘lsin. Tambalari temiru bronzadan bo‘lsin, Umri qancha uzoq bo‘lsa, kuchi shuncha ko‘p bo‘lsin.” Muso Isroil xalqiga shunday dedi: “Ey azizim Isroil, Xudoyinga o‘xshagani yo‘q, U salobat bilan bulutlarni egarlaydi, Senga yordam bergani osmondan uchib keladi, Qadimdan bor bo‘lgan Xudo sening panohingdir, Uning abadiy qo‘llari seni tutib turadi. U dushmanlaringni oldingdan haydaydi, Senga: ‘Ularni qirib tashla!’ deb aytadi. Ey Isroil, xavf–xatarsiz yashaysan, Yoqub xonadoni, osoyishta bo‘lasan. Sening yering don va sharobga boydir, Yurtingga osmondan shudring tushadi. Ey Isroil, sen baxtlisan! Kim senga o‘xshar?! Sen Egamiz qutqargan xalqsan. Seni asraydigan qalqoning, Shonli qiliching Egamizdir. Oldingda dushmanlaring tiz cho‘kadi, Sen esa ularning belini ezasan.” Muso Mo‘ab tekisligidan Navo tog‘ining cho‘qqisiga chiqdi. Navo tog‘i Yerixo shahrining sharqida joylashgan Fisgax tog‘ chizmasining eng baland joyi edi. U yerdan Musoga Egamiz butun o‘lkani ko‘rsatdi: shimoldagi Dan shahrigacha cho‘zilgan butun Gilad yerini, hamma Naftali yerlarini, Efrayim va Manashe yerlarini, O‘rta yer dengizigacha cho‘zilgan butun Yahudo yerlarini, Nagav cho‘li va tekislikni. Bu tekislik Zo‘var shahridan to palmalar shahri bo‘lmish Yerixogacha cho‘zilgan edi. Egamiz Musoga dedi: — Men Ibrohim, Is’hoq, Yoqubga, sening avlodingga beraman, deb qasam ichib aytgan yurt mana shudir. Mana, bu yurtni o‘z ko‘zing bilan ko‘rding, lekin u yurtga kirmaysan. Egamiz aytganiday, Uning quli Muso o‘sha yerda, Mo‘ab yurtida vafot etdi. Egamiz uni Mo‘abda, Bayt–Piyor shahrining yaqinidagi bir vodiyda dafn qildi. Muso dafn qilingan joyni hozirgacha hech kim bilmaydi. Muso vafot etganda 120 yoshda edi. Lekin ko‘zlarining nuri hali so‘nmagan edi, g‘ayrati yo‘qolmagan edi. Isroil xalqi Mo‘ab tekisliklarida Muso uchun o‘ttiz kun aza tutdi. Muso uchun aza kunlari tamom bo‘ldi. Muso o‘limidan oldin Yoshuaga qo‘l qo‘yib, uni yo‘lboshchi qilib tayinlagan edi. Nun o‘g‘li Yoshuani Xudo donolik ruhi bilan to‘ldirdi. Isroil xalqi Yoshuaga bo‘ysundi, Egamiz Musoga buyurganlarning hammasini ular qildi. Isroilda Musoga o‘xshagan payg‘ambar boshqa chiqmadi. Egamiz Muso bilan yuzma–yuz gaplashar edi. Egamiz uni Misr yurtida fir’avnga, uning a’yonlari va butun xalqiga alomatu mo‘jizalar ko‘rsatish uchun yuborgan edi. Muso butun Isroil xalqi oldida buyuk qudratu haybatli ishlarni namoyon qilgandi. Egamiz O‘zining quli Muso vafotidan keyin Musoning yordamchisi Yoshuaga shunday dedi: “Mening qulim Muso vafot etdi. Endi hammangiz — butun Isroil xalqi Men sizlarga berayotgan yurtga kirish uchun Iordan daryosidan o‘tishga tayyorlaninglar. Musoga va’da berganimday, oyog‘ingiz tekkan hamma joyni sizlarga beraman. Janubdagi sahrodan shimoldagi Lubnongacha, sharqdagi buyuk Furot daryosidan g‘arbdagi O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan joylar, Xet xalqining hamma yerlari sizning yurtingiz bo‘ladi. Ey, Yoshua, bir umr hech kim senga bas kela olmaydi. Muso bilan bo‘lganimday, sen bilan ham birga bo‘laman. Seni tark etmayman, hech qachon tashlab ketmayman. Dadil va botir bo‘l, Isroil xalqining ota–bobolariga, sizlarga mana shu yurtni beraman, deb va’da qilganman, ular bu yerlarni olib, ega bo‘lishiga sen bosh bo‘lasan. Dadil va botir bo‘lishing kerak, Men qulim Muso orqali buyurgan qonunlarning hammasini bitta qoldirmay bajargin, borgan joyingda ishlaring o‘ngidan kelishi uchun bu qonunlardan o‘ngga ham, chapga ham og‘ma. Tavrot kitobida yozilganlar tilingdan tushmasin, ularni bitta qoldirmay bajarishing uchun kechayu kunduz ular haqida fikr yuritgin. Shunda ishlaring yurishib, o‘ngidan keladi. Amr qilaman, dadil va botir bo‘l, vahimaga tushma, qo‘rqma, qayerga borsang ham, Men, Egang Xudo, sen bilan birga bo‘laman.” Shundan keyin Yoshua Isroil qabilalarining nazoratchilariga shunday deb buyurdi: — Qarorgoh bo‘ylab yurib, xalqqa quyidagi gaplarni aytinglar: “Oziq–ovqatlaringizni tayyorlanglar, chunki uch kundan keyin Egangiz Xudo sizga berayotgan yurtga egalik qilish uchun Iordan daryosidan o‘tasizlar.” Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmiga Yoshua shunday dedi: — Egamizning quli Musoning amr qilib aytgan so‘zlarini eslang. U sizlarga: “Egangiz Xudo sizlarga osoyishtalik berib, mana shu yerlarni berdi”, — deb aytgan edi. Xotinlaringiz, bolalaringiz, mol–qo‘ylaringiz Muso sizlarga bergan yerda — Iordanning mana shu sharq tomonida qoladi. Orangizdagi barcha qurollangan jasur jangchilar esa birodarlaringizning oldida borib, Iordan daryosidan o‘tadi. Birodarlaringiz ham Egangiz Xudo berayotgan yurtni egallamaguncha, jasur jangchilaringiz ularga yordam beradi. Egamiz birodarlaringizga ham sizga berganday osoyishtalik bergandan keyingina Egamizning quli Muso sizlarga bergan Iordanning sharqidagi o‘z yeringizga qaytib, joylashasizlar. Ular Yoshuaga shunday deb javob berishdi: — Siz buyurgan hamma narsani qilamiz, qayerga yuborsangiz boramiz. Hamma narsada Musoga qanday itoat qilgan bo‘lsak, sizga ham shunday itoat qilamiz. Egangiz Xudo, Muso bilan bo‘lganidek, siz bilan birga bo‘lsin! Sizning aytgan so‘zlaringizga qarshi chiqqanlar, birorta buyrug‘ingizga bo‘ysunmaganlarning jazosi o‘limdir. Siz faqat dadil va botir bo‘ling. Yoshua Shitimdagi qarorgohdan ikki kishini yashirincha ayg‘oqchi qilib yubordi. Yuborishdan oldin ularga: “Borib, Kan’on yurtini, ayniqsa Yerixo shahrini yaxshilab ko‘rib kelinglar”, — dedi. Ular Yerixoga ketishdi. Borib, Rahoba ismli bir fohishaning uyiga kirib, o‘sha yerda tunab qolishdi. Yerixo shohiga: “Bugun kechqurun Isroil xalqidan bir nechtasi butun yurtimizni tekshirish uchun kelishibdi”, — degan xabar yetib bordi. Shunda shoh Rahobaga xabar yuborib: “Yurtimizni tekshirishga kelgan kishilar sening uyingga kiribdi. Endi ularni tashqariga olib chiq”, deb buyurdi. Lekin ayol o‘sha kishilarni yashirib qo‘ygan edi. U shohning odamlariga shunday dedi: “To‘g‘ri, o‘sha kishilar menikiga kelgan edi, lekin ularning qayerdan kelganini bilmagandim. Kech tushib, shahar darvozasi yopilishidan oldin ular chiqib ketishdi. U kishilar qayerga ketganini bilmayman. Agar tez orqasidan borsangiz, ularni ushlashingiz mumkin.” Aslida Rahoba ularni tomga olib chiqib, qurisin, deb yoyilgan zig‘ir bog‘lamlari tagiga yashirib qo‘ygan edi. Shohning odamlari shahardan chiqib ketishi bilanoq, shahar darvozasi yopildi. Ular ayg‘oqchilarni qidirib, Iordan daryosining kechuv joyigacha borishdi. Ayg‘oqchilar uxlashga yotishdan oldin Rahoba tomga chiqib, ularga shunday dedi: “Egangiz bizning yurtimizni sizlarga berganligini bilaman. Butun xalqimiz bilan sizlardan qo‘rqib qolganmiz. Shu yerda yashaydiganlarning hammasi sizlar haqingizda eshitib vahimaga tushgan. Biz eshitdik, sizlar Misrdan chiqqaningizdan keyin Egangiz oldingizda Qizil dengiz suvlarini quritibdi, Iordanning sharq tomonidagi Amor xalqining shohlari O‘g va Sixo‘nga nima qilganingizni, ularning odamlarini butunlay qirib tashlaganingizni ham eshitdik. Bu voqealar haqida eshitishimiz bilan yuraklarimiz orqaga tortib ketdi, sizlarni deb har birimizning jasoratimizdan asar ham qolmadi. Chunki Egangiz Xudo ham osmonda, ham yerda Xudodir. Men sizlarga marhamat ko‘rsatdim. Endi shuning uchun Egangiz haqi qasam ichib, sening oilangga ham mehribonlik qilamiz, deb kafolat bering. Mana shu kafolat ota–onam, aka–uka, opa–singillarim va ularga qarashli bo‘lganlarni saqlab qolishingizni, bizni o‘limdan qutqarishingizni bildirsin.” Ayg‘oqchilar unga shunday deyishdi: “Sizlarga biror narsa bo‘lsa, Xudo jonimizni olsin. Agar biz haqimizda hech kimga aytmasang, Egamiz bizga shu yerni berganda sen va sening oilangga bergan va’damizda turib, marhamat ko‘rsatamiz.” Rahobaning uyi shahar devorlariga taqalib qurilganligi uchun, derazasi shahardan tashqariga qarab turar edi. Rahoba mana shu derazadan arqon tushirib, ayg‘oqchilarning qochishiga yordam berdi. Ular ketishidan oldin Rahoba: “Sizlarni quvayotganlar topib olmasligi uchun, qirlarga boringlar. O‘sha yerda uch kun yashirininglar. Ular qaytib kelganidan keyin o‘z yo‘lingizga ketaverasiz”, — degan edi. [17-18] Ayg‘oqchilar Rahobaga javoban shunday deyishgan edi: “Biz bu yerga hujum qilganimizda mana shu qizil arqonni biz tushadigan derazangga bog‘lab, osiltirib qo‘ygin. Oilangdagilarning hammasi, ota–onang, aka–uka, qarindosh–urug‘laring uyingda bo‘lishi kerak, bo‘lmasa, biz senga ichgan qasamimizdan xalos bo‘lamiz. *** Birortasi eshigingdan tashqariga, ko‘chaga chiqsa, o‘z o‘limiga o‘zi javobgar bo‘ladi, biz gunohkor bo‘lmaymiz. Lekin sen bilan uy ichida bo‘lganlarga birortasi qo‘l tekkizsa, ularning o‘limiga biz javobgar bo‘lamiz. Lekin mabodo biz haqimizda birovga og‘iz ochsang, sen bizga ichtirgan qasamdan xalos bo‘lamiz.” Rahoba: “Sizlar nima desangiz shunday bo‘lsin”, degan so‘zlar bilan ayg‘oqchilarni chiqarib yubordi. Ular o‘z yo‘llariga ketishdi. Keyin u qizil arqonni derazasiga bog‘lab qo‘ydi. O‘sha ayg‘oqchilar borib, qirlarda uch kun, ularni izlab yurganlar qaytguncha turishdi. Ularni quvib ketganlar yo‘l bo‘yidagi hamma joylarni izlab ham hech kimni topa olmadilar. Ayg‘oqchilar qirdan qaytib tushishdi. Daryoni kechib o‘tib, Yoshuaning oldiga kelib, bo‘lgan voqealarning hammasini unga aytib berishdi. Ular Yoshuaga: “Haqiqatan ham Egamiz butun yurtni bizning qo‘limizga bergan. U yerda yashovchilarning hammasi bizlarni deb vahimaga tushgan”, — deyishdi. Ertasiga tongda Yoshua butun Isroil xalqi bilan birga Shitim qarorgohidan chiqib, Iordanga yetib kelishdi. Daryoni kechib o‘tishdan oldin ular o‘sha yerda qarorgoh qurishdi. Uch kundan keyin qabila nazoratchilari qarorgoh bo‘ylab yurib, xalqqa shunday deyishdi: “ Levi ruhoniylari Egangiz Xudoning ahd sandig‘ini ko‘tarib ketayotganini ko‘rganingizda yo‘lga chiqasizlar. Uning orqasidan boringlar, shunda boradigan yo‘lingizni bilib olasizlar, chunki sizlar bu yo‘ldan oldin yurmagansizlar. Lekin sandiq bilan sizlarning orangizdagi masofa taxminan ikki ming tirsak bo‘lishi kerak. Orangizdagi masofa mana shundan kam bo‘lmasin.” Keyin Yoshua xalqqa: “O‘zingizni poklang, chunki ertaga Egamiz oramizda mo‘jizalar qiladi”, — dedi. Ertasiga Yoshua ruhoniylarga shunday dedi: “Ahd sandig‘ini olib, xalqning oldida yuringlar.” Ruhoniylar ahd sandig‘ini ko‘tarib, xalq oldida borishdi. Egamiz Yoshuaga shunday dedi: — Bugundan boshlab seni butun Isroil xalqi oldida ko‘kka ko‘taraman, shunda ular Men Muso bilan bo‘lganimdek, sen bilan birga bo‘lishimni bilishadi. Ahd sandig‘ini ko‘tarib boradigan ruhoniylarga aytasan: “Iordan daryosiga yetib borganingizdan keyin daryoga kirib to‘xtanglar.” Keyin Yoshua Isroil xalqiga shunday dedi: — Yaqinroq kelib, Egangiz Xudoning gaplarini eshiting. [10-11] Mana, butun olam Rabbiysining ahd sandig‘i oldingizda Iordan daryosidan o‘tadi. Shunday qilib, barhayot Xudo sizlarning orangizda ekanligini, Uning O‘zi Kan’on, Xet, Xiv, Pariz, Girgosh, Amor va Yobus xalqlarini albatta sizlarning oldingizdan quvib yuborishini bilasizlar. *** Endi Isroil xalqining har bir qabilasidan bittadan, jami o‘n ikkita erkakni tanlang. Butun olam Rabbiysi, Egamizning ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylarning oyoqlari Iordan daryosining suvlariga tegishi bilanoq oqim to‘xtab qoladi, suv bir joyda yig‘ilib turadi. Xalq o‘z chodirlarini yig‘ib, Iordandan o‘tish uchun yo‘lga tushganda, ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylar ularning oldida borar edi. Iordan suvi hosil paytida qirg‘oqlaridan ham toshib oqardi. Ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylar Iordanga yaqinlashdi. Ularning oyoqlari suvga tegishi bilanoq daryoning oqimi to‘xtab qoldi. Suv uzoqda joylashgan Zoraton yonidagi Adama shahri oldida yig‘ilib qoldi, O‘lik dengizga quyiladigan suv esa butunlay to‘xtab qoldi. Shundan keyin xalq daryodan o‘tib, Yerixo shahrining yonidagi yerlarga bordi. Butun Isroil xalqi quruq yerdan yurib, Iordandan o‘tib bo‘lmaguncha, ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylar daryoning o‘rtasida, quruq yerda turishdi. Butun xalq Iordandan o‘tib bo‘lgandan keyin, Egamiz Yoshuaga shunday dedi: — Xalqning orasidan o‘n ikki kishini tanlagin, har bir qabiladan bittadan bo‘lsin. Ularga: “Iordan daryosining o‘rtasidan, xuddi ruhoniylar oyog‘i turgan joyidan o‘n ikkita tosh olib, bugun kechqurun qarorgoh quradigan joyga olib borib qo‘yinglar, deb buyurgin.” Yoshua Isroil xalqining har bir qabilasidan bir kishini tanladi. Keyin o‘sha o‘n ikki kishini chaqirib, ularga shunday dedi: “Egangiz Xudoning ahd sandig‘i oldiga, Iordanning o‘rtasiga borib, u yerdan har biringiz Isroil qabilalarining har biri uchun bittadan tosh olinglar. Ularni yelkangizda ko‘tarib, qarorgohga olib boringlar. Bu toshlar sizlarga esdalik bo‘lib qoladi. Vaqti kelib, farzandlaringiz sizlardan, bu toshlar nimani bildiradi, deb so‘raganda, ularga Egamizning ahd sandig‘i Iordan daryosidan o‘tayotganda, daryoning suvlari to‘xtab qolganini aytib berasizlar. Bu toshlar sizlarga umrbod yodgorlik bo‘lib qoladi.” Isroil xalqidan tanlangan kishilar Yoshua ularga buyurganday qilishdi. Egamiz Yoshuaga aytganday, ular Iordanning o‘rtasidan har bir Isroil qabilasi uchun bittadan tosh, jami o‘n ikkita tosh olib, o‘zlari bilan o‘sha kuni qarorgoh qurilgan joyga olib borib qo‘yishdi. Iordanning o‘rtasiga, ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylar turgan joyga Yoshua bir yodgorlik qurdirdi. Bu yodgorlik ham o‘n ikkita toshdan qurildi. O‘sha toshlar bugungacha o‘sha yerdadir. Egamiz Yoshuaga, xalqqa aytgin, deb amr qilganlarining hammasi sodir bo‘lmaguncha sandiqni ko‘targan ruhoniylar Iordanning o‘rtasida turdilar. Yoshuaga Muso mana shu yo‘l–yo‘riqlarni ko‘rsatgan edi. Xalq tez–tez daryodan o‘tdi. Hamma daryodan o‘tib bo‘lgandan keyin, butun xalq qarab turar ekan, Egamizning ahd sandig‘i va ruhoniylar daryodan o‘tdi. Muso buyurganday, Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasi yarmining erkaklari ham qurollanib, daryodan o‘tgan edilar. Ular Isroil xalqining oldingi saflarida edilar. Jangga tayyor o‘sha qirq mingga yaqin kishi Egamiz huzurida Yerixo yonidagi tekislikka o‘tdi. Egamiz o‘sha kuni qilgan ishlari bilan Isroil xalqining ko‘zi oldida Yoshuaning nomini yuksaltirdi. Ular butun umri davomida Musoni qanday hurmat qilgan bo‘lsalar, Yoshuani ham shunday hurmat qildilar. O‘shanda Egamiz Yoshuaga shunday degan edi: “Ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylarga, Iordandan chiqinglar, deb buyurgin.” Shunda Yoshua ruhoniylarga: “Iordandan chiqinglar”, — deb buyurgan edi. Egamizning ahd sandig‘ini ko‘targan ruhoniylar Iordanning o‘rtasidan chiqishdi. Ularning oyoqlari quruq yerga tegishi bilan Iordanning suvi yana oldingiday qirg‘oqlaridan toshib oqa boshladi. Xalq birinchi oyning o‘ninchi kunida Iordandan o‘tdi. Ular Yerixo shahrining sharqidagi Gilgal degan joyda qarorgoh qurishdi. Ular Iordandan olgan o‘n ikkita toshni Yoshua Gilgalda o‘rnatib, Isroil xalqiga shunday dedi: — Vaqti kelib, farzandlaringiz sizlardan: “Bu toshlar nimani bildiradi?” deb so‘rasa, sizlar shunday javob berasizlar: “Isroil xalqi mana shu yerda quruq yerdan yurib Iordandan o‘tdi. Egamiz Xudo biz o‘tishimiz uchun Qizil dengizni quritganday, bu yerda ham biz o‘tib bo‘lmagunimizcha Iordanning suvlarini quritgan edi. Yer yuzidagi barcha xalqlar Egamizning qudratli ekanini bilishi hamda sizlar Xudoyingiz — Egamizdan bir umr qo‘rqishingiz uchun shunday qilgan edi.” Isroil xalqi Iordan daryosidan o‘tib bo‘lguncha, Egamiz ular uchun daryoning suvini quritgan edi. Iordanning g‘arbidagi Amor shohlari va O‘rta yer dengizi yonidagi Kan’on shohlari bu haqda eshitib, juda qo‘rqib ketishdi. Isroil xalqini deb ularning jasoratidan asar ham qolmadi. O‘sha paytda Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Toshdan pichoqlar yasab, Isroil xalqining bu yangi avlodini sunnat qilinglar.” Yoshua toshdan pichoqlar yasatib, ularni Givot–Xarilo‘t degan joyda sunnat qildirdi. Yoshua sunnat qilganining sababi quyidagichadir: Misrdan chiqqan, jangga yaroqli erkaklarning hammasi sahroda yurganda o‘lgan edi. Misrdan chiqqanlarning hammasi sunnat qilingan bo‘lsa–da, sahroda yurgan paytda tug‘ilganlar sunnat qilinmagan edi. Egamizga itoat qilmagan, Misrdan chiqqanda jangga yaroqli bo‘lgan naslning hammasi o‘lmaguncha Isroil xalqi qirq yil sahroda sargardon bo‘lib yurdi. Egamiz ularga: “Men ota–bobolaringizga va’da qilib, sizlarga beraman, degan sut va asal oqib yotgan yurtni hech qachon ko‘rmaysizlar”, deb qasam ichgan edi. Misrdan chiqqanlarning o‘rniga Egamiz ularning farzandlarini dunyoga keltirdi. O‘sha yangi avlod yo‘lda sunnat qilinmagan edi. Mana shuning uchun Yoshua ularni sunnat qildi. Hamma erkaklar sunnat qilingandan keyin, tuzalguncha qarorgohda qoldilar. Egamiz Yoshuaga: “Bugun men sizlardan Misrdagi qullik sharmandaligini olib tashladim”, — dedi. Shuning uchun o‘sha joy bugungacha Gilgal, deb ataladi. Isroil xalqi Gilgalda turgan paytlarida oyning o‘n to‘rtinchi kunida kechqurun Yerixo yonidagi tekislikda Fisih ziyofatini nishonladilar. Aynan Fisih ziyofatidan keyingi kun esa ular o‘sha yerdan chiqqan hosildan pishirilgan xamirturushsiz non va o‘sha hosildan olingan qovurilgan don yedilar. Isroil xalqi o‘sha yurtda yetishtirilgan hosilni yegan kundan boshlab, Xudo ularga manna yubormay qo‘ydi. O‘sha yil Isroil xalqi Kan’on yeridan olingan hosilni yedi, ular mannani boshqa ko‘rmadi. Bir kuni Yoshua Yerixo shahrining yaqinida turganda qarasa, o‘zining qarshisida qilich ushlagan bir kishi turibdi. Yoshua uning oldiga borib: “Sen biznikimisan yoki dushman tarafdamisan?” — deb so‘radi. “Hech qaysisi, — deb javob berdi u kishi, — Men Egamiz lashkarining lashkarboshisiman. Mana, keldim.” Yoshua muk tushib, unga ta’zim qildi. “Qulingizga nima buyurasiz, hazratim?” — deb so‘radi Yoshua. Egamiz lashkarining lashkarboshisi Yoshuaga shunday dedi: “Oyoq kiyimingni yech, sen turgan yer muqaddasdir.” Yoshua u aytganday qildi. Yerixoliklar, Isroil xalqidan qo‘rqib, shahar darvozalarini mahkamlab yopib, qo‘riqchilar qo‘yishdi. Endi shaharga hech kim kirolmas, u yerdan hech kim chiqolmas ham edi. Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Mana, Yerixo shahrini shohiyu sipohlari bilan birga sening qo‘lingga berdim. Shahar atrofini barcha jangchilar bilan bir marta aylangin. Olti kun shunday qilasan. Yettita ruhoniy ahd sandig‘ining oldida yursin. Ularning qo‘lida bittadan qo‘chqor shoxidan qilingan burg‘u bo‘lsin. Yettinchi kuni shahar atrofini yetti marta aylaninglar, ruhoniylar burg‘uni chalib yurishsin. O‘sha kuni burg‘ularning uzoq chalinganini eshitishi bilanoq, hamma bor ovozi bilan baqirsin. Shunda shaharning devorlari qulaydi, hamma shaharga hujum qilib, to‘g‘ri kirib boraveradi.” Yoshua ruhoniylarni chaqirib, ularga shunday dedi: “Ahd sandig‘ini ko‘taringlar, yettitangiz esa bittadan burg‘u olib, Egamizning ahd sandig‘i oldida yuring.” Odamlarga esa: “Borib, shaharni aylaninglar, qurollangan jangchilarning hammasi Egamizning sandig‘i oldida borsin”, — dedi. Yoshua xalqqa buyurganday, Egamiz oldida yettita ruhoniy burg‘ularni chalib borishar, Egamizning ahd sandig‘i esa ularning orqasidan borardi. Qurollangan kishilar burg‘u chalayotgan ruhoniylar oldidan borishdi, sandiqning orqasidan esa qorovullar bo‘linmasi bordi. Burg‘ular to‘xtamay chalinib turar edi. Yoshua xalqqa shunday degan edi: “Men aytmagunimcha, sizlar baqirmang, ovozingizni chiqarmang. Men sizlarga, baqiringlar, deb aytgan kundagina baqirasizlar.” Egamizning sandig‘i shaharni bir marta aylanib keldi. Ular qarorgohga qaytib kelib, tunni o‘sha yerda o‘tkazishdi. Yoshua ertasiga saharda turdi, ruhoniylar yana Egamizning sandig‘ini ko‘tarishdi. Yettita burg‘uni ko‘targan yetti ruhoniy Egamiz sandig‘ining oldida borishdi. Ular burg‘ularni to‘xtamay chalishardi. Qurollangan kishilar esa ularning oldida borishardi. Egamizning sandig‘i orqasida esa qorovullar bo‘linmasi borardi, burg‘ular to‘xtamay chalinayotgan edi. Ikkinchi kuni ham ular shahar atrofini bir marta aylanib, qarorgohga qaytib kelishdi. Ular olti kun shunday qildilar. Yettinchi kuni erta tongda turib, oldingiday shaharning atrofini aylandilar, faqat o‘sha kuni yetti marta aylanishdi. Yettinchi marta aylanayotganda, ruhoniylar burg‘uni chalar ekan, Yoshua odamlarga shunday dedi: “Baqiringlar, chunki Egamiz shaharni bizga bergan. Shahar aholisiyu uning ichidagi hamma narsa Egamizga bag‘ishlanib, yo‘q qilinsin. Faqat fohisha Rahoba va uning uyidagilarning hammasi tirik qoladi, chunki u biz yuborgan ayg‘oqchilarni yashirgan edi. Sizlar esa Egamizga bag‘ishlangan narsalarning hech biriga yaqinlashmang, yana o‘sha narsalarni olib, o‘zingiz ham halok bo‘lmang. Isroil xalqining qarorgohiga kulfat keltirmang, qarorgoh vayrona bo‘lmasin. Lekin barcha oltin, kumush, hamma bronza va temirdan yasalgan idishlar Egamizga bag‘ishlangan. Ular Egamizning xazinasiga keltirilsin.” Ruhoniylar burg‘ularni chaldilar. Xalq burg‘u tovushini eshitishi bilanoq baland ovoz bilan baqirgan edi, butun shahar devorlari qulab tushdi. Isroil jangchilari turgan joylaridan to‘g‘ri shaharga kirib, unga hujum qilishdi. Isroil jangchilari shaharni qo‘lga kiritishdi. Ular shahardagi hammani, erkagu ayollarni, yoshu qarilarni, mol–qo‘y, eshaklarni — butun jonzotni qirib tashladilar. Yoshua o‘sha yerni tekshirib kelgan ikki kishiga aytdi: “Fohishaning uyiga boringlar. Ichgan ontingizga amal qilib, u bilan uyidagilarning hammasini olib chiqing.” Ayg‘oqchi bo‘lgan kishilar borib, Rahobani, uning ota–onasini, aka–ukalarini, hamma qarindoshlarini shahardan olib chiqib, ularni Isroil qarorgohining yoniga, xavfsiz joyga keltirdilar. Isroil jangchilari shaharni uning ichidagi bor narsasi bilan yondirib tashladilar. Faqat oltin, kumush, bronza va temirdan yasalgan idishlarni Egamiz uyining xazinasiga keltirdilar. Fohisha Rahoba va uning hamma qarindoshlarini Yoshua saqlab qoldi, chunki Yoshua Yerixoni tekshirib kelish uchun yuborgan ayg‘oqchilarni u yashirgan edi. Uning xonadoni o‘shandan beri Isroilda yashaydi. Keyin Yoshua qasam ichib, quyidagilarni aytdi: “Yerixo shahrini qayta qurmoqchi bo‘lgan, Egamiz oldida la’nati bo‘lar! O‘z to‘ng‘ich o‘g‘lining joni evaziga shahar poydevorin qo‘yar, Kenja o‘g‘lining joni evaziga darvozalar o‘rnatar!” Egamiz Yoshua bilan birga edi. Yoshuaning shuhrati butun yurtga tarqaldi. Ammo Isroil xalqi bag‘ishlangan narsalar haqida Egamiz bergan amrni buzdi. Oxun ismli bir kishi bag‘ishlangan narsalarning bir nechtasini olgan ekan. Oxun Yahudo qabilasidan bo‘lib, Zerax urug‘idan bo‘lgan Zimrining nevarasi, Karmining o‘g‘li edi. Egamiz Isroil xalqidan qattiq g‘azablandi. Shu orada Yoshua bir necha kishini tanlab, ularga: “Borib, Ay shahrini tekshirib kelinglar”, — dedi. Ay shahri Baytilning sharqida, Bayt–Obun yaqinida joylashgan edi. Ular borib, tekshirdilar. Qaytib kelib, Yoshuaga: “Hammamiz borishimiz shart emas, ikki — uch mingta odam chiqib hujum qilsa, bas. Ay aholisining soni kam, shuning uchun butun xalq u yerga borib ovora bo‘lmasin”, — dedilar. Shunday qilib, uch mingtacha odam u yerga chiqdi, lekin ular Ay aholisining oldiga tushib qochdilar. Ayliklar shahardan chiqib, Isroil jangchilarini tosh qaziladigan joygacha quvib bordilar. Qir yon bag‘rida o‘ttiz oltitacha Isroil odamlarini o‘ldirdilar. Bu hodisadan keyin butun Isroil xalqining yuragi orqaga tortib ketdi. Shunda Yoshua bilan Isroil oqsoqollari qayg‘udan kiyimlarini yirtib, boshlariga tuproq sochdilar. Egamizning sandig‘i oldida yerga muk tushishdi–da, kechgacha shu holda qolishdi. Yoshua shunday dedi: “Ey, Egamiz Rabbiy! Nima uchun bu xalqni Iordan daryosidan olib o‘tding? Nahotki bizlarni Amor xalqining qo‘liga berib, yo‘q qilish uchun shunday qilgan bo‘lsang?! Biz Iordanning narigi tomonida qolaversak bo‘lmasmidi?! Ey, Rabbiy, yana nima ham derdim, mana, Isroil xalqi dushmanlarining oldiga tushib qochdi. Endi Kan’on xalqlari va mana shu yerlar aholisining hammasi bu haqda eshitib bizni qurshab oladilar. Nomimizni yer yuzidan o‘chirib yuboradilar. Shunday bo‘lsa, ulug‘vorligingni qanday qilib ko‘rsatasan?” Egamiz Yoshuaga dedi: “O‘rningdan tur! Nima uchun muk tushib yotibsan? Isroil xalqi gunoh qildi, ular bilan qilgan ahdimni buzdi. Ular Menga bag‘ishlangan narsalardan o‘g‘irlab olishdi. Buning ustiga, aldab, o‘g‘irlangan narsalarni o‘zlarining narsalari orasiga yashirib qo‘ydilar. Shuning uchun Isroil xalqi dushmanlariga bas kela olmaydi. Chunki ularning o‘zi ham yo‘q qilinadigan, Menga bag‘ishlangan narsaday bo‘lib qolgan. Endi ular dushmanlariga mag‘lub bo‘lib qochib yuradilar. Orangizdagi bag‘ishlangan narsalarni yo‘q qilmasangiz, Men sizlar bilan birga bo‘lmayman. Endi Isroil xalqini pokla. Ularga shunday degin: — O‘zingizni ertangi kun uchun tayyorlab, poklang. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Ey, Isroil, orangizda Menga bag‘ishlangan narsalar bor. Orangizdagi shu narsalarni olib tashlamaguningizcha, dushmanlaringizga bas kela olmaysiz.” Shuning uchun ertalab barcha qabilalar birma–bir kelishadi. Egamiz bir qabilani tanlaydi. Ana shu qabilaning urug‘lari ham birma–bir keladi. Egamiz ular orasidan bir urug‘ni tanlaydi. O‘sha urug‘ oilalari birma–bir kelishadi. Egamiz bir oilani tanlaydi. O‘sha oila a’zolari birma–bir keladi. La’natlangan narsalarni olgan odamni Egamizning O‘zi ko‘rsatadi. O‘sha odam bor narsasi bilan olovda yondiriladi, chunki u Egamiz bilan qilingan ahdni buzib, Isroilda aql bovar qilmaydigan ish qildi.” Shunday qilib, ertasi kuni tongda, Yoshuaning buyrug‘iga ko‘ra, Isroil qabilalari birma–bir Xudoning huzuriga kelishdi. Egamiz Yahudo qabilasini tanladi. Endi Yahudo qabilasining urug‘lari birma–bir keldi, shunda Zerax urug‘i tanlandi. Zerax urug‘ining oilalari birma–bir kelganda Zimri oilasi tanlandi. Zimri oila a’zolari birma–bir kelishdi, Karmi o‘g‘li Oxun tanlandi. U Yahudo qabilasidan bo‘lib, Zerax urug‘idan bo‘lgan Zimrining nevarasi edi. Yoshua Oxunga shunday dedi: “O‘g‘lim, haqiqat aytaman, deb Isroil xalqining Xudosi — Egamizning nomi bilan qasam ich, gunohingni tan olgin. Nima qilganingni yashirmay menga aytib ber.” Oxun Yoshuaga shunday javob berdi: “Ha, to‘g‘ri. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga qarshi gunoh qilgan menman. O‘sha kuni o‘lja orasida Shinardan keltirilgan chiroyli to‘nni, 500 misqol kumush va og‘irligi 125 misqol keladigan bir bo‘lak tillani ko‘rib qoldim. Ko‘nglim tusab, ularni oldim. Ularni chodirimning ichida yerning tagiga ko‘mib qo‘yganman, kumush eng tagida.” Yoshua bir nechta odamni yubordi. Ular chodirga yugurib borib qarashsa, u narsalar rostdan ham o‘sha yerda yashirilgan ekan. Ularning eng tagida kumush bor edi. Ular narsalarni chodirdan olib, Yoshua va butun Isroil xalqiga olib kelishdi. Ular narsalarni Egamiz oldiga yoyib qo‘yishdi. Keyin Yoshua va butun Isroil xalqi Zerax o‘g‘li Oxunni o‘g‘irlangan kumush, to‘n, tilla bo‘lagi hamda o‘g‘il–qizlari, mol–qo‘ylari, eshaklari, chodiriyu bor narsasi bilan birga Oxor soyligiga olib borishdi. Yoshua: “Boshimizga rosa ham kulfat keltirding–ku. Mana endi, bugun Egamiz sening boshingga ham kulfat keltiradi”, — dedi. Butun Isroil xalqi Oxunni va uning oilasini toshbo‘ron qilib o‘ldirdi–da, ularning jasadlarini olovda kuydirdi. Keyin ularning ustiga katta bir tosh uyumi to‘pladilar, toshlar bugungacha o‘sha yerdadir. Shuning uchun ushbu yer o‘sha paytdan beri Oxor soyligi, deb ataladi. Shundan keyin Egamiz g‘azabidan tushdi. Egamiz Yoshuaga aytdi: “Qo‘rqma, vahimaga tushma, barcha jangga yaroqli erkaklarni boshlab, Ay shahriga borgin. Mana, Ay shohini uning xalqi, shahri va yeri bilan birga senga berganman. Yerixo va uning shohini nima qilgan bo‘lsangiz, Ay va uning shohini ham xuddi shunday qilasizlar. Faqat shahardagi mol–mulklarni va mol–qo‘ylarni o‘zingizga o‘lja qilib olsangiz bo‘ladi. Shaharning orqasida pistirma qo‘yinglar.” Yoshua va hamma jangga yaroqli erkaklar Ayga hujum qilishga tayyorlanishdi. Yoshua o‘z lashkari orasidan o‘ttiz ming jangchini tanlab oldi. Tunda jo‘natayotib, ularga shunday buyruq berdi: — Borib, shaharning orqasida pistirma quring, shahardan uzoqqa bormang, hammangiz sergak bo‘lib turing. Men odamlarim bilan shaharga yaqinlashaman. Ular bizga qarshi chiqqanda, oldingiday biz ulardan qochamiz. Bizni quvib, dushmanlar shahardan ancha uzoqlashib ketadi. Ular o‘zlaricha: “Dushmanlarimiz yana oldingiday bizdan qochyapti”, deb o‘ylashadi. Biz qochayotganimizda esa sizlar pistirmadan chiqib, shaharni olasizlar. Egangiz Xudo uni sizlarning qo‘lingizga beradi. Shaharni olganingizdan keyin Egamiz buyurganday, uni yondirasizlar. Mana shu buyruqlarni ijro eting. Shu so‘zlar bilan Yoshua ularni jo‘natib yubordi. Ular Ayning g‘arbida — Ay va Baytil oralig‘ida pistirma qo‘yib, o‘sha yerda kutib yotdilar. O‘sha tunni Yoshua qarorgohda o‘tkazdi. Ertasi kuni, tong payti Yoshua jangchilarini bir joyga yig‘ib, qabilalarning boshliqlari bilan birga ularni Ayga boshlab bordi. Barcha jangga yaroqli kishilar u bilan ketdi. Ular shaharga yaqinlashib, Ayning shimolida qarorgoh qurishdi. Ay va ularning orasida jarlik bor edi. Yoshua besh mingga yaqin odamni Ayning g‘arbidagi, Ay va Baytil shaharlarining oralig‘ida pistirma qo‘yishga yubordi. Shunday qilib, jangchilar jangovar holatga keltirildi. Ularning asosiy qismi shaharning shimolida, qorovullar bo‘linmasi esa shaharning g‘arbida edi. Yoshua esa o‘sha tunni jarlikda o‘tkazdi. Buni ko‘rgan Ay shohi ertasi kuni tongda shoshilib, butun lashkari bilan Iordan vodiysi ro‘parasidagi bir joyga Isroil xalqi bilan jang qilishga bordi. Ammo u shaharning orqasida o‘ziga qarshi pistirma qo‘yilganini bilmas edi. Yoshua va butun Isroil lashkari o‘zlarini yengilayotganday ko‘rsatib, sahro tarafga qochishdi. Yoshua va Isroil qo‘shinini quvish uchun Ay shahridagi barcha erkaklar chaqirildi. Ular Yoshua va Isroil lashkarini quvib, shahardan ancha uzoqlashib ketishdi. Ay va Baytilda Isroil lashkarini quvish uchun chiqmagan birorta ham erkak qolmadi. Shaharni qo‘riqlashga hech kimni qoldirmay, Isroil lashkarini ta’qib qildilar. Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Qo‘lingdagi nayzani Ay tomonga uzat, o‘sha shaharni sening qo‘lingga beraman.” Yoshua qo‘lidagi nayzasini shahar tomonga uzatdi. U qo‘lini uzatishi bilanoq pistirmada yashirinib o‘tirgan jangchilar tezda turib oldinga yugurdilar. Ular shaharga kirishdi. Shaharni qo‘lga olib, darrov unga o‘t qo‘yishdi. Ay lashkari orqaga qarasa, yonayotgan shaharning tutuni ko‘kka ko‘tarilyapti. Ular na u yoqqa, na bu yoqqa qocha olardilar, chunki sahroga qochgan Isroil lashkari endi orqaga burilib, ularga qarshi chiqqan edi. Yoshua va butun Isroil lashkari shahardan tutun chiqayotganini ko‘rib, pistirmadagilar shaharni olganini bilishdi. Shunda ular orqaga burilib, Ay shahrining odamlariga hujum qildilar. Isroil lashkarining shahardagilari ham Ay odamlariga qarshi chiqishdi. Shunday qilib, Isroil lashkari ularni u tomondan ham, bu tomondan ham qurshab olishgan edi. Isroil lashkari ularning hammasini qirib tashladi. Hech kim tirik qolmadi, birortasi ham qochib keta olmadi. Ammo Ay shohini tirikligicha ushlab, Yoshuaning huzuriga olib kelishdi. Isroil lashkari shahar tashqarisida — sahroda butun Ay qo‘shinini qirib tashlashdi. Ularning hammasi halok bo‘lgandan keyin Isroil lashkari Ayga borib, u yerda qolganlarning hammasini yo‘q qildi. O‘sha kuni butun Ay aholisi, hammasi bo‘lib o‘n ikki mingta erkak va ayol halok bo‘ldi. Ayda yashovchilarning hammasi yo‘q qilinmaguncha, Yoshua nayza ushlagan qo‘lini tushirmadi. Egamiz Yoshuaga buyurganday, Isroil lashkari faqatgina mol–qo‘y va shahar aholisining mol–mulkini o‘zlariga o‘lja qilib oldi. Yoshua Ay shahrini yondirib yubordi. O‘sha shahar bugungi kungacha vayron bo‘lib yotibdi. Ay shohini esa qatl ettirib, jasadini tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqtirdi. Uning jasadi kechgacha o‘sha yerda osilib turdi. Quyosh botgandan keyin, Isroil jangchilari Yoshuaning buyrug‘iga ko‘ra, jasadni xodadan tushirib, shahar darvozasining ostonasiga tashladilar. Uning ustiga katta tosh uyumi to‘pladilar. Shu tosh uyumi bugungacha o‘sha yerdadir. Keyin Yoshua Isroil xalqining Xudosi — Egamizga Ebal tog‘ida qurbongoh qurdi. Egamizning quli Muso ularga Tavrot kitobida buyurganday, hech qanday temir asbob ishlatmasdan, yo‘nilmagan toshlardan qurbongoh qurdi. Ular o‘sha qurbongohda Egamizga kuydiriladigan qurbonlik va tinchlik qurbonliklari keltirdilar. O‘sha yerda — Isroil xalqining ko‘z oldida Yoshua toshlarga Muso yozgan qonunlarning nusxasini yozdi. Qabila oqsoqollari, qabila nazoratchilariyu hakamlari qatorida butun Isroil xalqi va ularning orasida yashayotgan qondosh bo‘lmaganlar ham Egamiz ahd sandig‘ining qarshisida — uni ko‘tarib turgan levi ruhoniylarining oldida turishdi. Xalqning yarmisi Garizim tog‘i etagida, yarmisi Ebal tog‘i etagida turardi. Egamizning quli Muso, Isroil xalqini duo qilish vaqti kelganda shunday qilinglar, deb buyurgan edi. Keyin Yoshua Tavrot kitobida yozilganday, qonunlarning har bir so‘zini, baraka va la’natlarga oid parchalarni o‘qidi. Butun Isroil jamoasi oldida, ayollaru bolalar, Isroil xalqi orasida yashayotgan, ularga qondosh bo‘lmaganlar oldida, Muso ularga buyurgan qonunlarni Yoshua bitta qoldirmay o‘qidi. Iordan daryosining g‘arb tomonida turadigan barcha shohlar Yoshuaning g‘alabalari haqida eshitishgan edi. Ular qirlarda, qirlarning etaklarida, butun O‘rta yer dengizi qirg‘og‘i bo‘ylab to shimoldagi Lubnongacha bo‘lgan joyda yashaydigan Xet, Amor, Kan’on, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarining shohlari edilar. O‘sha shohlar o‘z qo‘shinlarini bir qilib, Yoshua va butun Isroil xalqiga qarshi jang qilishga to‘plandilar. Ammo Givon aholisi Yoshuaning Yerixo va Ay shaharlariga qilgan ishlari haqida eshitib, ayyorlik bilan ish tutdi. Ulardan bir nechtasi yo‘lga tayyorgarlik ko‘rib, o‘z eshaklariga eski xurjunlar va eski, yirtilib yamalgan meshlarni yukladilar. Oyoqlariga eski, yamalgan oyoq kiyimlar, ustilariga esa juldur kiyimlar kiyishdi. Ular olgan nonlarning suvi qochib, mog‘or bosgan edi. Ular Gilgaldagi qarorgohga borib, Yoshua va butun Isroil xalqiga: — Biz juda ham olis bir yurtdan keldik, biz bilan sulh tuzinglar, — deyishdi. Ammo Isroil xalqi bu Xiv xalqidan bo‘lganlarga shunday dedi: — Balki sizlar bizga yaqin joyda yasharsizlar, biz qanday qilib sizlar bilan sulh tuzamiz? — Shunda ular Yoshuaga: — Biz sizlarning qullaringizmiz, — deyishdi. Yoshua esa ulardan: — Sizlar kimsizlar? Qayerdan keldingiz? — deb so‘radi. Ular Yoshuaga shunday deb javob berishdi: — Biz sizning qullaringizmiz, Egangiz Xudoni deb juda ham uzoq bir yurtdan keldik. Biz sizning Xudoyingiz haqida eshitdik. U Misrda nima qilganini, Iordanning sharqidagi Amor xalqlarining ikki shohiga — Xashbon shohi Sixo‘n va Ashtaro‘tda yashagan Bashan shohi O‘gga nimalar qilganingizni eshitdik. Shuning uchun oqsoqollarimiz va yurtimiz aholisi bizni sizlarning oldingizga yuborib: “Uzoq safarga tayyorlaninglar. Isroil xalqi oldiga yetib borgach, bizning xalqimiz ularga qul ekanligini aytib, ular bilan sulh tuzib kelinglar”, deb tayinlashdi. Mana, nonimizga qarang, yo‘lga chiqqanimizda issiqqina edi, endi esa suvi qochib, mog‘or bosib qolgan. Mana bu sharob meshlari ularni to‘ldirganimizda yangi edi, endi esa qarang, yorilib ketgan, ust–boshimiz va oyoq kiyimlarimiz ham yo‘l uzoqligidan eskirib ketdi. Isroil oqsoqollari ularning oziq–ovqatlarini tekshirib ko‘rdilar, Egamizdan esa yo‘l–yo‘riq so‘ramadilar. Yoshua ular bilan tinchlik sulhini tuzdi. Jamoa oqsoqollari ularni o‘ldirmaslikka qasam ichib, mana shu sulhni ma’qulladilar. Sulh tuzilib, uch kun o‘tgandan keyin Isroil xalqi Givonliklar o‘zlariga yaqin joyda yashashlarini eshitib qolishdi. Isroil xalqi yo‘lga chiqib ularning shaharlariga uch kunda yetib borishdi. Givon, Xafira, Bero‘t va Xirat–Yorim ularning shaharlari edi. Ammo Isroil xalqi ularga hujum qilmadi, chunki jamoa oqsoqollari Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan qasam ichib, ularga va’da berishgan edi. Shunda butun jamoa ming‘illab, oqsoqollarga nolidi. Oqsoqollar jamoaga shunday dedilar: — Biz ularga Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan qasam ichib va’da berganmiz, endi biz ularga tegmasligimiz kerak. [20-21] Mayli, yashayverishsin, ichgan qasamimizni buzib, boshimizga Egamizning g‘azabini keltirmaylik. Ammo Givonliklar butun jamoa uchun o‘tin yoruvchi, suv tashuvchi bo‘lib qolsin. Shunday qilib, oqsoqollar Givonliklarga nisbatan o‘z va’dasida qoldilar. *** Yoshua Givonliklarni chaqirib so‘radi: — Bizga yaqin joyda yasharkansiz. Nimaga, sizlardan uzoq joyda yashaymiz, deb bizni aldadingiz? Shuning uchun endi sizlar la’natisizlar, sizlar endi abadiy mening Xudoyim uyi uchun o‘tin yoruvchi, suv tashuvchi qul bo‘lib qolasizlar. Ular Yoshuaga javob berdilar: — Biz aniq eshitdik, Egangiz Xudo O‘zining quli Musoga butun yurtni sizlarga berib, uning butun aholisini qirib tashlashni buyuribdi. O‘z jonimizni o‘ylab, sizlardan qo‘rqqanimizdan shu ishni qildik. Endi biz sizning qo‘lingizdamiz, nima to‘g‘ri va nima yaxshi, deb o‘ylasangiz, bizni shunday qiling. Isroil xalqi Givonliklarni o‘ldirishiga Yoshua yo‘l qo‘ymadi. Ammo o‘sha kuni Yoshua ularni, Egamizning qurbongohi qayerda qurilishidan qat’iy nazar, ana shu qurbongoh va Isroil jamoasi uchun o‘tin yoruvchi va suv tashuvchi qilib qo‘ydi. Hatto bugungacha ularning vazifasi shudir. Quddus shohi Odonisidiq eshitdiki, Yoshua Ay shahrini qo‘lga kiritibdi, uni butunlay vayron qilibdi, Yerixo va uning shohiga nimalar qilgan bo‘lsa, Ay shahrini va uning shohini ham shunday qilibdi. Givonliklar ham Isroil xalqi bilan sulh tuzib, endi ularning orasida yashayotganini eshitib juda qo‘rqib ketdi. Axir, Givon shahri ulkan shahar bo‘lib, o‘z shohiga ega bo‘lgan shaharlarday katta, Ay shahridan ham kattaroq edi–da. Givon aholisining barcha erkaklari ham juda mohir jangchi edilar. Xevron shohi Xo‘xam, Yarmut shohi Pirom, Laxish shohi Yofiya va Eglon shohi Dabir Quddus shohi Odonisidiqdan shunday xabar olishdi: “Kelib, menga yordam bering. Birga Givonga hujum qilaylik, chunki ular Yoshua va butun Isroil xalqi bilan sulh tuzibdi.” Shunda Quddus shohi, Xevron shohi, Yarmut shohi, Laxish shohi va Eglon shohi — Amor xalqlarining beshala shohlari kuchlarini yig‘dilar. Barcha qo‘shinlari bilan Givonni o‘rab olib, hujum qildilar. Givonliklar Yoshuaga — Gilgaldagi qarorgohga shunday xabar yubordilar: “Qirlardagi hamma Amor shohlari o‘z qo‘shinlari bilan bizlarga qarshi yig‘ilishdi. Qullaringizni tark etmang! Tez kelib bizlarni qutqaring, bizga yordam bering.” Yoshua butun lashkari bilan Gilgaldan chiqdi. Ularning orasida eng zo‘r jangchilar ham bor edi. Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Ulardan qo‘rqma, ularni sening qo‘lingga berganman, ularning birortasi ham senga bas kela olmaydi.” Yoshua o‘z lashkari bilan Gilgaldan chiqqandan keyin tuni bilan yo‘l bosib, Amor qo‘shinlarining ustiga to‘satdan bostirib bordi. Butun Isroil lashkari oldida Egamiz Amor qo‘shinlarini vahimaga soldi. Isroil lashkari Givonda ularning ko‘plarini qilichdan o‘tkazdi. Bayt–Xo‘ronga chiqadigan yo‘l bilan quvib, to Ozikah va Makkedoga yetib borguncha yo‘lda Amor qo‘shinlarini yo‘q qildi. Ular Isroil lashkaridan qochib, Bayt–Xo‘rondan pastga tushayotganda, Egamiz osmondan ularning ustiga Ozikahga yetgunlaricha yirik do‘l yog‘dirgan edi. Ularning ko‘plari do‘l ostida halok bo‘ldi. Isroil lashkarining qilichidan halok bo‘lganlarga qaraganda, do‘l tegib o‘lganlar ko‘proq edi. Egamiz Amor xalqlarini Isroil lashkarining qo‘liga bergan kuni Yoshua Egamizga gapirib, butun Isroil xalqi oldida shunday dedi: “Ey, quyosh, tek turgin Givon shahrida, Oymomo, sen esa Oyjavlon vodiysida.” Quyosh ham, oy ham qimirlamay, xalq o‘z dushmanlaridan qasos olmaguncha, osmonda to‘xtab turaverdi. “Yoshur” kitobida shu haqida yozilgan. Quyosh osmonning o‘rtasida to‘xtab, kun bo‘yi botmay turdi. O‘sha kuni Isroil xalqi uchun Egamizning O‘zi jang qildi. Undan oldin ham, keyin ham Egamiz insonning iltijosiga javob bergan bunday kun bo‘lmagan. Shundan keyin Yoshua va butun lashkar Gilgaldagi qarorgohga qaytib ketishdi. Beshala shoh qochib, Makkedodagi g‘orga yashirinib olishgan edi. Yoshuaga: “Beshta shoh topildi, ular Makkedodagi g‘orning ichiga yashirinib olishgan ekan”, — deb aytishdi. Yoshua shunday dedi: “Katta toshlar olib, g‘orning og‘zini yopinglar. Shohlar chiqib ketmasligi uchun, u yerga qo‘riqchilar tayinlanglar, lekin hammangiz ham o‘sha yerda qolib ketmang. Dushman lashkarlarini quvib, ularga orqadan hujum qiling. Ularni o‘z shaharlariga kirishlariga yo‘l qo‘ymang, chunki Egangiz Xudo dushmanlarni sizning qo‘lingizga bergan.” Yoshua va butun Isroil lashkari dushmanlarning deyarli hammasini qilichdan o‘tkazdi. Faqat bir–ikkitasigina o‘z mustahkam shaharlariga qochib borib, tirik qoldi. Butun Isroil lashkari Makkedodagi qarorgohga sog‘–salomat qaytib bordi. Shundan keyin o‘sha yerlardagi hech kim Isroil xalqiga qarshi gapirishga jur’at eta olmadi. Yoshua: “G‘orning og‘zini ochib, beshta shohni mening oldimga olib kelinglar”, deb buyurdi. Uning aytganini qilib, beshta shohni — Quddus, Xevron, Yarmut, Laxish va Eglon shaharlarining shohlarini g‘ordan olib chiqib, uning oldiga olib kelishdi. Yoshua butun Isroil jangchilarini yig‘ib, o‘sha beshta shohni yerga yotqizdi. Jangchilarning boshliqlariga esa shunday dedi: “Yaqinroq kelib, oyoqlaringizni shohlarning bo‘ynilariga qo‘yinglar.” Ular kelib, oyoqlarini shohlarning bo‘ynilariga qo‘ydilar. Yoshua gapida davom etdi: “Endi qo‘rqmang, vahimaga tushmang, faqatgina dadil va botir bo‘linglar. Egamiz sizga qarshi chiqadigan hamma dushmanlarni shu ko‘yga soladi.” Shundan keyin Yoshua shohlarni o‘ldirib, ularning jasadlarini tik o‘rnatilgan beshta xodaning uchiga qoqdi. Jasadlar kechgacha xodalarda osilib turdi. Quyosh botganda, Yoshuaning buyrug‘iga ko‘ra, shohlarning jasadlarini xodalardan tushirib, ilgari o‘sha shohlar yashiringan g‘orning ichiga tashladilar. G‘orning og‘zini esa katta–katta toshlar bilan yopib qo‘ydilar. O‘sha toshlar bugungacha o‘sha yerdadir. Yoshua o‘sha kuni Makkedo shahrini bosib oldi, uning aholisini shohi bilan birga qilichdan o‘tkazdi. Shahardagi har bir kishini yo‘q qildi, u yerda birorta ham tirik jon qolmadi. Yerixoning shohiga nima qilgan bo‘lsa, Makkedoning shohiga ham shunday qildi. Keyin Yoshua butun Isroil lashkari bilan Makkedodan Libna shahriga borib, Libnaga hujum qildi. Egamiz Libna va uning shohini ham Isroil lashkarining qo‘liga berdi. Ular butun shahar aholisini qilichdan o‘tkazib, birorta ham tirik jon qoldirmadilar. Yerixo shohiga nima qilgan bo‘lsa, Libna shohiga ham shunday qilishdi. Yoshua va barcha Isroil jangchilari Libnadan Laxish shahriga bordilar. Shaharni qurshovga olib, hujum qilishdi. Egamiz Laxishni Isroil lashkarining qo‘liga berdi. Ular ikkinchi kuni shaharni bosib olishdi. Xuddi Libnadagiday bu shaharning ham butun aholisini qilichdan o‘tkazishdi. Gezer shahrining shohi Xo‘rom Laxish shahriga yordamga kelgan edi, Yoshua Xo‘romni va uning butun qo‘shinini birorta ham tirik jon qoldirmay yo‘q qildi. Isroil lashkari Yoshua bilan Laxishdan chiqib Eglon shahriga bordi. Uni ham qurshovga olib, hujum qildi. Xuddi Laxishdagiday Eglonni ham bir kun ichida bosib olib, uning barcha aholisini yo‘q qildi. Bundan keyin Yoshua bilan Isroil lashkari Eglondan Xevron shahriga borishdi. O‘sha shaharga hujum qilishdi. Xevronni qo‘lga olib, uning shohini, butun aholisini, hatto atrofidagi qishloqlarning aholisini ham butunlay yo‘q qildilar. Xuddi Eglondagiday bitta ham tirik jon qoldirishmadi. Keyin Yoshua butun Isroil lashkari bilan Davir shahriga borib, unga hujum qildi. Shaharni qo‘lga kiritib, uning shohi, butun aholisi va hatto atrofidagi qishloqlarning aholisini ham butunlay yo‘q qildi. Xevron, Libna shaharlari va ularning shohlariga nima qilgan bo‘lsa, Davir va uning shohini ham xuddi shunday qilib, shaharda birorta ham tirik jonzot qoldirmadi. Yoshua butun yurtni — qirlarniyu Nagav cho‘lini, g‘arbdagi qirlar etaklarini, sharqdagi qir yon bag‘irlarini bosib oldi va shu joylarning shohlarini mag‘lub qildi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz buyurganday, Yoshua hech kimni tirik qoldirmadi, hammani qirib tashladi. Yoshua Kadesh–Barnadan G‘azogacha bo‘lgan shaharlarni, butun Go‘shen yerini, shimoldagi Givongacha bo‘lgan yerlarni bosib oldi. Yoshua bu shohlar va ularning yerlarini bir yurishdayoq bosib oldi, chunki Isroil xalqining Xudosi — Egamiz O‘z xalqi uchun jang qildi. Keyin Yoshua Isroil lashkari bilan birga Gilgaldagi qarorgohga qaytib bordi. Xazor shahrining shohi Yobin Yoshuaning g‘alabalari haqida eshitdi. U quyidagi shohlarga shoshilinch xabar yubordi: Madon shohi Yo‘vovga, Shimron shohiga, Axshof shohiga, shimoldagi qirlarning shohlariga, Jalila ko‘lining janubidagi Iordan vodiysining shohlariga, g‘arbdagi qir etaklari va Nafo‘t–Do‘r shohlariga, sharq va g‘arbdagi Kan’on xalqlarining shohlariga, Amor, Xet, Pariz xalqlarining shohlariga, qirlardagi Yobus shohlariga, Mispax yeridagi, Xermon tog‘ining etagida yashaydigan Xiv xalqiga. Ular butun lashkarlari, juda ko‘p otlariyu jang aravalarini to‘plab, Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun yig‘ilishdi. Ularning jangchilari dengiz qirg‘og‘idagi qumday son–sanoqsiz edi. Isroil xalqi bilan jang qilishga mana shu shohlarning hammasi lashkarlarini birlashtirishdi. Ular Mirom suvlari oldida qarorgoh qurdilar. Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Ulardan qo‘rqmagin, Men O‘zim ularni sizlarning qo‘lingizga beraman, ertaga shu paytda ularning hammasi o‘lgan bo‘ladi. Ularning otlarini mayib qilib, jang aravalarini yondirasizlar.” Yoshua o‘zining butun lashkari bilan Miromga borib, dushman qo‘shinlari ustiga to‘satdan hujum qildi. Egamiz Isroil lashkariga dushmanlari ustidan g‘alaba berdi. Isroil lashkarlari dushmanlarini shimol tomonda Buyuk Sidon va Misrafo‘t–Mayimgacha, sharq tomonda esa Mispax vodiysigacha quvib borib, ularning hammasini halok qildi. Dushmanlarning birortasi ham tirik qolmadi. Yoshua ular bilan Egamiz buyurganday qildi, ularning otlarini mayib qilib, jang aravalarini yondirib tashladi. O‘shandan keyin Yoshua o‘z lashkari bilan orqaga qaytib, Xazor shahriga bordi. Uni qo‘lga kiritib, shohini halok qildi. U paytda Xazor o‘sha shohliklar orasida eng qudratlisi edi. Isroil lashkari shahar aholisining hammasini butunlay yo‘q qildi. U yerda birorta ham tirik jon qolmadi. Shaharni esa yondirib tashlashdi. Yoshua bilan Isroil lashkari o‘sha shaharlarning hammasini bosib olib, ularning shohlariyu barcha aholisini qilichdan o‘tkazdi. Egamizning quli Muso buyurganday, ularni butunlay vayron qildi. Isroil lashkari tepaliklarda qurilgan shaharlardan faqatgina Xazor shahrini yondirib tashladi. Isroil lashkari shaharlardagi mol–mulklarni va barcha chorvani o‘zlariga o‘lja qilib oldilar. Ammo shaharlarning barcha aholisini qilichdan o‘tkazdilar. U yerda birorta ham tirik jon qolmadi. Egamiz o‘z quli Musoga bergan amrlarni Muso Yoshuaga yetkazgan edi. Yoshua Muso aytganday qilib, barcha amrlarni bitta qoldirmay bajardi. Shunday qilib, Yoshua butun yurtni: janubiy qirlaru o‘sha qirlarning etaklarini, butun Nagav cho‘lini, butun Go‘shen yerini, Iordan vodiysini, shimoliy qirlar va o‘sha qirlarning etaklarini bosib oldi. Isroil xalqi bosib olgan yerning janubiy chegarasi Seir yurti yonidagi Xalak tog‘i edi, shimoldagi chegarasi esa Xermon tog‘ining etagida joylashgan Lubnon vodiysidagi Baal –Gad shahri edi. Yoshua o‘sha yerlarning shohlarini mag‘lub qilib, hammasini halok qildi. Bu shohlarni mag‘lub qilguncha, Yoshua uzoq vaqt ular bilan urush qilgan edi. Givondagi Xiv xalqidan tashqari hech bir shahar aholisi Isroil xalqi bilan sulh tuzmagan edi. Ularning hammasi jangda mag‘lub bo‘lishdi. Egamiz o‘sha xalqlarni o‘jaru takabbur qilib qo‘ygani uchun, ular Isroil xalqiga qarshi jangga chiqaverdi. Egamiz Musoga buyurganday, Isroil lashkari ularni butunlay yo‘q qilib, shafqatsiz o‘ldirishlari uchun shunday qilgan edi. O‘sha paytda Yoshua qirlarda yashagan Inoq avlodini yo‘q qilib tashlagan edi. Ular Xevron, Davir, Onov shaharlarida, butun janubiy va shimoliy qirlarda yashardilar. Yoshua ularni o‘ldirib, shaharlarini vayron qildi. Isroil xalqining yurtida Inoq avlodidan hech kim qolmadi, faqatgina G‘azo, Gat va Ashdod shaharlarida bir nechtasi qoldi. Shunday qilib, Musoga Egamiz aytganday, Yoshua butun yurtni qo‘lga kiritdi. Yoshua bu yerlarni Isroil xalqining qabilalariga mulk qilib berdi. Endi yurtda tinchlik barqaror bo‘ldi. Muso boshchiligida Isroil xalqi Iordan daryosining sharqida bo‘lgan shohlarni mag‘lub qilib, ularning yerlarini egallab olgan edi. Bu shohlar janubdagi Arnon soyligidan shimoldagi Xermon tog‘igacha bo‘lgan yerlarda hukmronlik qilgan edi. Ularning yerlari Iordan vodiysining sharqidagi barcha yerlarni o‘z ichiga olar edi. Isroil xalqi mag‘lub qilgan shohlardan biri Amor xalqining shohi Sixo‘n edi. U Xashbon shahrida yashagan edi. Uning shohligi Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahrini va o‘sha soylikning o‘rtasidan to Yavoq daryosigacha cho‘zilgan joylarni, ya’ni Giladning yarmini o‘z ichiga olar edi. Yavoq daryosi Ommon xalqi yerining chegarasi edi. Sixo‘n Iordan vodiysining sharq tomonida ham hukmronlik qilgan edi. Bu hudud shimol tomondagi Jalila ko‘lining g‘arbiy qirg‘oqlarigacha, janub tomondagi O‘lik dengizgacha, Bayt–Yashimo‘tdan Fisgax tog‘ tizmasining yon bag‘irlarigacha bo‘lgan joylarni o‘z ichiga olar edi. Mag‘lub bo‘lgan Bashan shohi O‘g o‘z shaharlari Ashtaro‘t va Edreyda yashardi. U Rafa xalqining qolganlaridan biri edi. Uning shohligi shimoldagi Xermon tog‘igacha, sharqdagi Salko shahrigacha cho‘zilib, g‘arbdagi Gashur va Maxo shohliklarining chegaralarigacha yetib borgan Bashan yerlarini ham o‘z ichiga olgan edi. Bu shohlik yana Giladning shimoliy yarmini ham o‘z ichiga olib, Xashbon shohi Sixo‘n hududi chegarasigacha yetib borardi. Egamizning quli Muso va Isroil xalqi mana shu ikki shohni mag‘lub qilib, ularning yerlarini egallab olishgan edi. Muso shu yerlarni Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmiga mulk qilib bergan edi. Iordanning g‘arbida — shimoldagi Lubnon vodiysida joylashgan Baal –Gaddan tortib, janubdagi Seir yonida joylashgan Xalak tog‘igacha bo‘lgan joylarda yashagan shohlarni Isroil xalqi Yoshua boshchiligida mag‘lub qildi. O‘sha shohlarning yerlarini Yoshua Isroil qabilalariga mulk qilib bo‘lib berdi. Qirlarni, g‘arbdagi qirlar etaklarini, Iordan vodiysiyu uning g‘arbidagi qir yon bag‘irlarini, Yahudo adirlaridagi va Nagav cho‘lidagi yerlarni bo‘lib berdi. Bu yerlarda Xet, Amor, Kan’on, Pariz, Xiv va Yobus xalqlari yashashardi. Isroil xalqi mag‘lub qilgan shohlar quyidagilardir: Yerixo shohi, Baytilning yonidagi Ay shohi, Quddus shohi, Xevron shohi, Yarmut shohi, Laxish shohi, Eglon shohi, Gezer shohi, Davir shohi, Geder shohi, Xo‘rmax shohi, Arod shohi, Libna shohi, Adullam shohi, Makkedo shohi, Baytil shohi, Tappux shohi, Xafer shohi, Ofoq shohi, Sharon shohi, Madon shohi, Xazor shohi, Shimron–Maron shohi, Axshof shohi, Tanax shohi, Maxido‘ shohi, Kedesh shohi, Karmildagi Yoxnayom shohi, Nafo‘t–Do‘rdagi Do‘r shohi, Gilgaldagi Go‘yim shohi, Tirza shohi. Isroil xalqi hammasi bo‘lib o‘ttiz bitta shohni mag‘lub qildi. Yillar o‘tib, Yoshua ancha keksayib qolgan paytda Egamiz unga shunday dedi: “Sen qariding, yoshing ham o‘tib qoldi, lekin bu yurtning ko‘p joylari hali bosib olinmagan. Isroil xalqi hali quyidagi yerlarni egallamagan: butun Filist va Geshir xalqining yerlari, ya’ni hozir Kan’on xalqiga tegishli bo‘lib, Misrning sharqiy chegarasidagi Shixor irmog‘idan shimoldagi Exron chegaralarigacha bo‘lgan yerlar. O‘sha joyda Filist xalqining beshta hukmdori yashaydi. Ular quyidagi shaharlarda hukmronlik qiladi: G‘azo, Ashdod, Ashqalon, Gat va Exron. Janubdagi Avim xalqining yerlari ham hali bosib olinmagan. Shimolda esa Isroil xalqi hali quyidagi yerlarni bosib olmagan: Kan’on xalqining barcha yerlari. Bu yerlar Sidon xalqiga tegishli bo‘lgan Meraxni o‘z ichiga olib, shimol tomonga, Amor xalqi yerlarining chegarasidagi Ofoq degan joygacha cho‘ziladi. Yana Gabolliklarning yerlarini, Lubnon tog‘li yerlarining sharq tomonini — Xermon tog‘ining etagidagi Baal –Gaddan Levo–Xomatgacha bo‘lgan joylarni, Lubnondan Misrafo‘t–Mayimgacha bo‘lgan qirlarning aholisi — barcha Sidonliklarni ham Isroil xalqi hali mag‘lub qilmagan. Men O‘zim mana shu xalqlarni bu yurtdan, Isroil xalqining oldidan haydayman. Men senga buyurganimday, mana shu yerlarni albatta Isroil xalqiga mulk qilib bergin. Xullas, mana shu yerlarni qolgan to‘qqizta qabilaga va Manashe qabilasining yarmiga mulk qilib bo‘lib bergin.” Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining boshqa yarmi Iordan daryosining sharqida o‘z ulushlarini olib bo‘lgan edilar. Ularga bu yerlarni Egamizning quli Muso bergan edi. Ularning hududi janubdagi Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan tortib soylikning o‘rtasidagi shahargacha cho‘zilib, Midavodan Dibongacha bo‘lgan butun yassi tepalikni o‘z ichiga oladi. Bu hudud Xashbon shahrida hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘n qo‘li ostida bo‘lgan hamma shaharlarni, Ommon xalqining chegarasigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olardi. Gilad hududi, Gashur va Maxo xalqlarining yerlari, shimoldagi butun Xermon tog‘i, sharqdagi Salkogacha bo‘lgan butun Bashan, Rafa xalqining eng oxirgi avlodi bo‘lgan shoh O‘gning hamma yerlari ham o‘sha hududga kirar edi. Bashan hududining Ashtaro‘t va Edrey shaharlarida shoh O‘g hukmronlik qilgan edi. O‘sha yerlarning xalqlarini Muso mag‘lub qilib haydab chiqargan edi. Lekin Isroil xalqi Gashur va Maxo xalqlarini haydab chiqarmadi, ular bugungacha Isroil xalqi orasida yashaydilar. Faqatgina Levi qabilasiga Muso ulush bermadi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytganday, qurbongohda Unga atab kuydiriladigan qurbonliklar Levi qabilasining ulushidir. Muso Ruben qabilasiga urug‘lari bo‘yicha ulush bergan edi. Ularning hududi janubdagi Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan tortib soylikning o‘rtasidagi shahargacha cho‘zilib, Midavo atrofidagi butun yassi tepalikni o‘z ichiga oladi. Mana shu hudud Xashbon shahrini va yassi tepalikda joylashgan quyidagi hamma shaharlarni o‘z ichiga olar edi: Dibon, Bomo‘t–Baal va Bayt–Baal–Miyon, Yaxaz, Kadamo‘t, Mifat, Xiratayim, Sivmo va Iordan vodiysida joylashgan qirning ustidagi Zaret–Xashaxar, Bayt–Piyor, Fisgax tog‘ tizmasining yon bag‘irlari, Bayt–Yashimo‘t shaharlari. Ruben qabilasining yerlari yassi tepalik ustidagi barcha shaharlar, Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nning butun shohligini o‘z ichiga olardi. Muso Sixo‘nni va u bilan ittifoq tuzgan Midiyon hukmdorlarini mag‘lub qildi. Ularning ismlari Evi, Rahem, Zur, Xur va Raba edi. Isroil xalqi yana Bavo‘r o‘g‘li Balomni ham qilichdan o‘tkazdi. U folbinlik bilan shug‘ullanar edi. Ruben qabilasi hududining g‘arbiy chegarasi Iordan daryosi va uning qirg‘oqlari edi. Mana shu yerlar Ruben qabilasiga mulk qilib berilgan edi. Muso Gad qabilasiga ham urug‘lari bo‘yicha ulush berdi. Yazir shahri, Gilad viloyatidagi hamma shaharlar, Rabba shahrining sharqidagi Aror shahrigacha bo‘lgan Ommonlar yerining yarmi ularning hududiga kirar edi. Ularning yeri yana janubdagi Xashbon shahridan shimol tomondagi Ramat–Mispi va Batonim shaharlarigacha, shuningdek, shimoldagi Moxanayimdan Debirgacha cho‘zilgan edi. Gad qabilasining yeri Iordan vodiysida Bayt–Xaram, Bayt–Nimro, Suxo‘t, Zofun shaharlarini hamda Xashbon hukmdori bo‘lgan Sixo‘n shohining qolgan shohligini ham o‘z ichiga olar edi. Bu hududning g‘arbiy chegarasi Iordan daryosi bo‘lib, shimoldagi Jalila ko‘ligacha cho‘zilgan edi. Mana shu hududdagi shaharlar va atroflaridagi qishloqlari Gad qabilasiga mulk qilib berilgan edi. Muso Manashe qabilasining yarmiga ham urug‘lari bo‘yicha ulush bergan edi. Ularning hududi Moxanayim shahridan shimolga cho‘zilib, butun Bashan hududini va Yovir bosib olgan oltmishta shaharni o‘z ichiga olar edi. Bashan shohi O‘g mana shu joylarda hukmronlik qilgan edi. Gilad viloyatining yarmi, Bashandagi O‘g shohligining poytaxt shaharlari Ashtaro‘t va Edrey ham ularning hududiga kirar edi. Mana shu yerlar Manashe o‘g‘li Moxirdan kelib chiqqan naslning yarmiga berilgan edi. Iordanning sharqida, Mo‘ab tekisligida, Yerixoning ro‘parasida Muso bo‘lib bergan ulushlar mana shulardir. Lekin Levi qabilasiga Muso ulush bermagan edi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ularga: “Men O‘zim sizlarning ulushingiz bo‘laman”, deb va’da bergan edi. Iordan daryosining g‘arbida Kan’on yurtidagi yerlardan Isroil xalqining qolgan qabilalari mulk oldilar. Ruhoniy Elazar, Nun o‘g‘li Yoshua va Isroil qabilalarining boshliqlari bu yerlarni qabilalarga bo‘lib berishdi. Iordan daryosining g‘arbida mana shu to‘qqiz qabila va bir qabila yarmisining ulushlari, Musoga Egamiz buyurganday, qur’a tashlab belgilandi. [3-4] Iordanning sharqida esa Muso ikki qabilaga va bir qabilaning yarmisiga ulush berib bo‘lgandi. Yusufning ikki o‘g‘li Manashe va Efrayimdan ikki qabila kelib chiqqan edi. Ammo Isroil qabilalari orasida Levi qabilasi hech qanday ulush olmadi. Ularga faqat o‘zlari yashashi uchun shaharlar va qo‘y–mollarini boqish uchun shaharlar atrofidagi yaylovlar berildi. *** Shunday qilib, Egamiz Musoga buyurganday, Isroil xalqi yerlarni bo‘lib oldilar. Bir kuni Yahudo qabilasidan bir necha kishi Yoshuaning oldiga kelishdi. Isroil xalqining hammasi hali ham Gilgaldagi qarorgohda edilar. Xanaz avlodidan bo‘lgan Yafunax o‘g‘li Xolib o‘sha kishilar orasida edi. U Yoshuaga shunday dedi: — Kadesh–Barna shahrida bo‘lganimizda, Xudoning odami Muso siz va men haqimizda nima deganini bilasiz. Muso Egamiz nomidan gapirdi. Egamizning quli Muso meni Kadesh–Barnadan mana shu yerlarni tekshirib kelish uchun yuborganda qirq yoshda edim. Men qaytib kelib unga bor haqiqatni aytdim. Men bilan birga borganlar xalqni vahimaga solgan bo‘lsa ham, men Egam Xudoga sodiq qoldim. O‘sha kuni Muso qasam ichib shunday degan edi: “Sen Kan’on yurtida bosib o‘tgan yerlar abadiy senga va avlodlaringga ajratilgan mulk bo‘lib qoladi, chunki sen Egam Xudoga sodiq qolding.” Mana ko‘rib turganingizdek, Egamiz Musoga shunday deb gapirganiga qirq besh yil bo‘ldi. O‘sha paytda Isroil xalqi sahroda yurgan edi. Xudoyim O‘zi aytganday o‘shandan beri jonimni saqlab kelyapti. Mana hozir sakson besh yoshdaman. Muso meni yuborgan kunda qanday baquvvat bo‘lgan bo‘lsam, hozir ham shundayman. Haligacha jangga ham, qolgan barcha ishlarga ham quvvatim yetadi. Endi Egamiz o‘sha kuni va’da qilgan qirlarni menga bering. O‘sha kuni ayg‘oqchilarning: “ Inoq avlodi u yerda o‘zlarining katta, mustahkam shaharlarida yasharkan”, — degan gaplarini o‘zingiz eshitdingiz. Ammo Egamiz men bilan birga bo‘lsa, Egamizning O‘zi aytganday, men ularni bu yurtdan haydab chiqaraman. Shundan keyin Yoshua Xolibni duo qilib, Xevron shahrini unga mulk qilib berdi. Shunday qilib, Xolib Isroil xalqining Xudosi — Egamizga sodiq qolgani uchun Xevron shahri uning va avlodining mulki bo‘lib qoldi. Xevronning eski nomi Xirat–Arba edi. Arba Inoq avlodi orasida eng mashhur kishi bo‘lgan edi. Endi esa yurtda tinchlik barqaror bo‘ldi. Yahudo qabilasining urug‘lariga tushgan ulush yurtning janub tomonida edi. Ularning janubdagi yerlari Edom yurtining chegarasi bo‘lgan Zin sahrosigacha yetdi. Ularning janubiy chegarasi O‘lik dengizning janubiy qirg‘og‘idan boshlanadi. Chegara Chayonlar dovonidan o‘tib janub tomonga, Zin sahrosi tomon cho‘ziladi. Kadesh–Barna shahrining janub tomonidan o‘tib, Xazron shahrigacha boradi. Xazrondan o‘tgandan keyin esa Adar shahrigacha borib Karxa shahri tomonga buriladi. Bu chegara Ozmon shahrigacha borib, Misr chegarasidagi soylikdan ham o‘tadi–da, O‘rta yer dengizining yonida to‘xtaydi. Mana shu Yahudo qabilasining janubiy chegarasi bo‘ladi. Ularning sharqiy chegarasi O‘lik dengizdir. Bu chegara shimoldagi Iordan daryosi O‘lik dengizga quyiladigan joygacha cho‘ziladi. Shimoliy chegara esa mana shu joydan boshlanadi. Bu chegara O‘lik dengizning g‘arbidagi Bayt–Xo‘glaxgacha cho‘zilib, Bayt–Arabaning shimolidan o‘tadi–da, Ruben o‘g‘li Bo‘xanning nomi bilan atalgan tosh turgan joygacha boradi. Keyin chegara Oxor soyligidan Davirgacha borib, shimolga — Gilgal tomonga buriladi. Gilgal soylikning janubida bo‘lgan Adum dovonining ro‘parasida edi. Chegara En–Shamash bulog‘idan o‘tib En–Ro‘g‘olga boradi. Keyin Xinnum soyligining tepasidan kesib o‘tib, Yobus xalqiga qarashli bo‘lgan tepalikning, ya’ni Quddusning janubiy yon bag‘ridan o‘tadi. Chegara u yerdan Xinnum soyligining g‘arbidagi qirning tepasiga — Rafa soyligining shimoliy chetigacha boradi. Chegara tog‘ning tepasidan Naftuva buloqlari tomon cho‘zilib, Efro‘n tog‘ining shaharlarigacha boradi, keyin esa Baalax tomonga buriladi. Bu shahar hozirgi paytda Xirat–Yorim, deb ataladi. Shundan keyin bu shimoliy chegara Baalaxning g‘arb tomonini aylanib o‘tib, Seir tog‘larigacha boradi. Keyin Yorim tog‘ining shimoliy yon bag‘ridan o‘tadi. Xisalon shahri shu yerda joylashgan. U yerdan chegara Bayt–Shamash shahrigacha boradi va Timnax shahridan o‘tadi. Keyin chegara Exron shahrining shimolidagi tepalikning yon bag‘ridan o‘tib, Shikkaron shahri tomonga buriladi. Keyin Baalax tog‘ining yonidan o‘tib, Yobnail shahriga boradi. Shimoliy chegara O‘rta yer dengizining oldida tugaydi. O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i g‘arbiy chegarani tashkil qiladi. Mana shu chegaralar bilan o‘ralgan yerda Yahudo qabilasining urug‘lari yashardi. Egamiz buyurganday, Yoshua Yafunax o‘g‘li Xolibga Yahudo qabilasining hududidan ulush berdi. Bu ulush Xirat–Arba shahri edi. Hozirgi paytda bu shahar Xevron, deb ataladi. Arba Inoq avlodining ajdodi edi. Xolib u yerdan Inoq avlodini — Sheshay, Oximan va Talmay urug‘larini quvib chiqardi. Yahudo qabilasining odamlari u yerdan Dabir shahriga hujum qilish uchun yo‘lga tushishdi. Dabirning eski nomi Xirat–Safar edi. Shunda Xolib: “Xirat–Safarga hujum qilib, qo‘lga kiritgan kishiga qizim Axsani beraman”, — dedi. Xolibning ukasi bo‘lgan Xanazning o‘g‘li O‘tniyol shaharni qo‘lga kiritdi. Xolib esa unga qizi Axsani uzatdi. To‘ydan keyin qiz O‘tniyolga: “Keling, otamdan bir dala so‘rab olaylik”, deb turib oldi. Xolib, eshakdan tushayotgan qiziga: “Ha, qizim, biron bir istaging bormi?” — deb so‘radi. “Menga bir sovg‘a qilsangiz, — dedi Axsa. — Siz menga Nagav cho‘lidagi yerni berdingiz, endi suv buloqlarini ham hadya eting.” Shunday qilib, Xolib unga tepadagi va pastdagi buloqlarni berdi. Quyida aytib o‘tilgan yerlarni Yahudo qabilasi ulush qilib oldi. Bu hududning eng janubidagi, Edom yurtining chegarasidagi shaharlarning nomlari quyidagicha edi: Kabzayol, Eder, Yog‘ur, Xino, Dimona, Adad, Kedesh, Xazor, Yitnon, Zif, Talim, Bolo‘t, Xazor–Xadatto, Xariyo‘t–Xazron (ya’ni Xazor), Emom, Shama, Mo‘lodax, Xazor–Gaddax, Xashmon, Bayt–Palat, Xazor–Shuvol, Bersheva, Bizyo‘tayox, Baalax, Iyim, Ezam, Elto‘lad, Xasil, Xo‘rmax, Zixlax, Madmanno, Sansanno, Laboyo‘t, Shilxim, Oyin, Rimmon. Hammasi bo‘lib yigirma to‘qqizta shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar. Qir etaklarining shimolidagi shaharlarning nomi esa quyidagicha edi: Eshtoyo‘l, Zorox, Ashnah, Zono‘vax, En–Xannim, Tappux, Enom, Yarmut, Adullam, So‘xo‘, Ozikah, Sharayim, Aditayim, Gedera, Gadero‘tayim. Hammasi bo‘lib o‘n to‘rtta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Qirlar etaklarining janubida quyidagi shaharlar bor edi: Zinon, Hadasha, Migdal–Gad, Dilan, Mispax, Yoxtal, Laxish, Bozxat, Eglon, Kabbo‘n, Laxmos, Xitlish, Gadero‘t, Bayt– Do‘g‘on, Namax, Makkedo. Hammasi bo‘lib o‘n oltita shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Qir etaklarining markaziy qismidagi shaharlar quyidagilar edi: Libna, Eter, Oshon, Yiftox, Ashnah, Naziv, Keylax, Axsib, Morisho. Hammasi bo‘lib to‘qqizta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Yahudo qabilasining hududi Exronning barcha shaharlari va ularning atrofidagi qishloqlarni o‘z ichiga olar edi. Chegara Exrondan g‘arbga, O‘rta yer dengizi tomon cho‘zilib, Ashdodning yonida bo‘lgan barcha shaharlar va ularning atrofidagi qishloqlarni o‘z ichiga olar edi. Ularning hududi Ashdod va uning shaharlariyu qishloqlarini, G‘azo va u yerdan Misr chegarasidagi soylikkacha bo‘lgan joylardagi shaharlar va qishloqlarni, O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i bo‘yidagi shaharlarni o‘z ichiga olar edi. Yahudo qabilasi qirlarda quyidagi shaharlarni ulush qilib oldi: Shomir, Yatir, So‘xo‘, Danno, Xirat–Sanno (ya’ni Davir), Onov, Eshtamo‘va, Onim, Go‘shen, Xo‘lun va Gilox. Hammasi bo‘lib o‘n bitta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Qirlardagi quyidagi shaharlar Yahudo qabilasining hududiga kirar edi: Arab, Dumax, Ishan, Yonum, Bayt–Tappux, Ofoqa, Xumtax, Xirat–Arba (ya’ni Xevron) va Zior. Hammasi bo‘lib to‘qqizta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Yana qirlarda quyidagi shaharlar Yahudo qabilasining ulushi bo‘ldi: Moyun, Karmil, Zif, Yutto, Yizril, Yoxdayom, Zono‘vax, Qayin, Givo va Timnax. Hammasi bo‘lib o‘nta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Qirlardagi mana bu shaharlar ham o‘sha hududga kirardi: Xalxul, Bayt–Zur, Gado‘r, Marot, Bayt–Ano‘t va Eltaxo‘n. Hammasi bo‘lib oltita shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Xirat– Baal (ya’ni Xirat–Yorim) va Rabba — qirlardagi mana shu ikki shahar va ularning atrofidagi qishloqlar ham Yahudo qabilasining ulushi bo‘ldi. O‘lik dengiz bo‘yidagi adirlarda joylashgan quyidagi shaharlar ham Yahudo qabilasiga tegishli bo‘ldi: Bayt–Araba, Middin, Saxoxo, Nivshon, Tuz shahri va Engedi. Hammasi bo‘lib oltita shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Ammo Yahudo qabilasi Yobus xalqini Quddusdan haydab chiqara olmadi. Bugungacha Yobus xalqi Yahudo xalqi bilan birga Quddusda yashaydi. Yusuf avlodlariga berilgan ulushning janubiy chegarasi Yerixo shahrining yonidagi Iordan daryosidan, Yerixo bulog‘ining sharqidagi joydan boshlanadi. Keyin Yerixoning oldidan o‘tib, shimoli–g‘arbdagi Yahudo adirlari orqali qirlardagi Baytil shahrigacha cho‘ziladi. Keyin Baytil, ya’ni Luzdan ham o‘tib, Orx xalqiga tegishli bo‘lgan Otro‘t–Adargacha boradi. Chegara u yerdan g‘arbdagi Yaflet avlodining yerigacha cho‘zilib, pastki Bayt–Xo‘rongacha boradi. Keyin chegara Gezer shahrigacha borib, O‘rta yer dengizining oldida tugaydi. Yusuf avlodlari bo‘lgan Manashe va Efrayim qabilalari mana shu yerlarni ulush qilib oldilar. Efrayim qabilasining urug‘lariga quyidagi yerlar berildi: bu yerlarning janubiy chegarasi Otro‘t–Adarda boshlanadi–da, g‘arb tomonga, tepadagi Bayt–Xo‘rongacha cho‘zilib, [6-7] O‘rta yer dengizining oldida tugaydi. Sharqiy chegarasi Mixmatitdan janub tomonga boradi, Tanat–Shilo‘, Yonox, Otaro‘t, Naro shaharlaridan o‘tib, Iordan daryosining Yerixoga yaqin bo‘lgan joyida tugaydi. *** Shimoliy chegarasi esa Tappuxdan g‘arbga boradi. Keyin Kanax soyligi bo‘ylab cho‘zilib, O‘rta yer dengizida tugaydi. Mana shu yerlarni Efrayim qabilasi ulush qilib oldi. Efrayim qabilasiga yana Manashe hududida joylashgan bir nechta shaharlar va ularning atrofidagi qishloqlar ham berildi. Ammo Efrayim qabilasi Gezerda yashaydigan Kan’on xalqini quvib chiqarmadi. Bu xalq bugungi kungacha Efrayim qabilasi orasida yashaydi, lekin ular qarol bo‘lib xizmat qilishga majbur qilinganlar. Keyin Manashe qabilasiga ulush berildi. Manashe Yusufning to‘ng‘ichi edi. Moxir Manashening to‘ng‘ichi bo‘lib, Giladning otasi edi. Moxir botir jangchi bo‘lgani uchun Muso unga Iordanning sharqidagi Gilad va Bashan hududlarini bergan edi. Iordanning g‘arbida Manashe qabilasining qolganiga ulush berildi. Manashe o‘g‘illari Abuazar, Xalek, Osriyol, Shakam, Xafer va Shamido urug‘larining hammasiga yerlar berildi. Manashening nabirasi Giladning Xafer degan o‘g‘li bor edi. Xaferning esa Zalofxod degan o‘g‘li bor edi. Zalofxodning o‘g‘illari yo‘q, faqatgina qizlari bor edi. Qizlarining ismlari Maxlo, Nuvah, Xo‘glax, Milxo va Tirza edi. Shu ayollar ruhoniy Elazar, Yoshua va oqsoqollarning oldiga kelib shunday deyishdi: “ Egamizning O‘zi bizga ham amakilarimiz qatori ulush berishni Musoga amr qilgan.” Egamizga itoat etib, Yoshua qizlarga ham amakilari qatori ulush berdi. Natijada Iordanning sharqidagi Gilad va Bashan yerlaridan tashqari, Manashe qabilasi Iordanning g‘arbida yana o‘n bo‘lak yer oldi. Chunki Manashe avlodining ayollari ham erkaklar qatori ulush olishdi. Gilad yerini esa Yoshua Manashe qabilasining qolganlariga berdi. Iordan daryosining g‘arbidagi Manashe qabilasi yerlarining shimoliy chegarasi Osher qabilasi hududining chegarasi bilan tutashgan edi. Janubiy chegarasi esa Mixmatit shahrigacha borib, Tappux bulog‘i atrofida yashaydiganlarning yerlarigacha cho‘zilgan edi. Mixmatit shahri Shakam shahrining sharqida edi. Tappux shahri Manashe va Efrayim qabilalarining chegarasida joylashgan edi. Tappuxning atrofidagi yerlar Manashe qabilasiga tegishli bo‘lsa ham, shaharning o‘zi Efrayim qabilasiga tegishli edi. Manashe hududining chegarasi Tappux shahridan janubga Kanax soyligi tomongacha cho‘ziladi. Manashe qabilasining hududida Efrayim qabilasiga tegishli shaharlar ham bor edi. Kanax soyligining shimol tomoni Manashe hududining chegarasi bo‘lib, bu chegara O‘rta yer dengiziga kelib tugaydi. O‘sha soylikning janubidagi yerlar Efrayim qabilasiniki, shimolidagi yerlar esa Manashe qabilasiniki edi. O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i Manashe hududining g‘arbiy chegarasi edi. Bu hudud shimol tomonda Osher qabilasining hududigacha, sharq tomonda esa Issaxor qabilasining hududigacha cho‘zilgan edi. Issaxor va Osher qabilalarining hududlarida joylashgan quyidagi shaharlar va atrofidagi qishloqlar Manashe qabilasiga berilgan edi: Bayt–Shan, Yiblayom, Do‘r (ya’ni Nafo‘t–Do‘r ), En–Do‘r, Tanax, Maxido‘. Lekin Manashe qabilasi bu shaharlarni qo‘lga kirita olmadi. Kan’on xalqlari o‘sha joylarda yashashda davom etaverdi. Birmuncha vaqt o‘tgandan keyin Isroil xalqi yanada kuchaydi va Kan’on xalqlarini qarol bo‘lib xizmat qilishga majbur qildi. Ammo ularni yurtdan butunlay quvib chiqarmadi. Bir kun Yusuf avlodlari kelib, Yoshuadan so‘rashdi: — Egamiz bizni barakali qilib, juda ham ko‘paytirdi. Nima uchun bizga faqatgina bir ulush yer berdingiz? Yoshua ularga shunday deb javob berdi: — Agar Efrayim qirlari sizlarga kichiklik qilayotgan bo‘lsa, boringlar, Pariz va Rafa xalqlarining o‘rmonlaridagi daraxtlarni kesib, o‘zingizga joy tozalab olinglar. Ular shunday dedilar: — Ha, qirlar bizga torlik qilyapti, ammo tekislikdagilarning, Bayt–Shan shahri va uning atrofidagi qishloqlarda, Yizril vodiysida yashaydigan Kan’on xalqlarining temirdan yasalgan jang aravalari bor–ku, ular bizga nisbatan ancha kuchliroq. Yoshua Yusufning avlodlari bo‘lgan Efrayim va Manashe qabilalariga shunday dedi: — Sizlar juda ko‘pchiliksizlar, kuchingiz ham ko‘p. Nafaqat bir ulush yer, balki qirlar ham sizlarniki bo‘ladi. U yerlar o‘rmon bo‘lsa ham, daraxtlarini kesib, tozalanglar. U joylar boshidan oxirigacha sizlarniki bo‘ladi. Kan’on xalqlarining temir jang aravalariyu katta kuchi bo‘lishiga qaramay, sizlar ularni u yerdan haydab chiqarasizlar. Isroil xalqi butun yurtni qo‘lga kiritgandan keyin butun Isroil jamoasi Shilo‘ shahrida yig‘ildi. Ular o‘sha yerda Uchrashuv chodirini tikdilar. Isroil xalqining orasida hali ulush olmagan yettita qabila qolgan edi. Yoshua Isroil xalqiga shunday dedi: “Qachongacha ota–bobolaringiz Xudosi — Egamiz sizlarga bergan yurtni qo‘lga kiritishni orqaga surasizlar?! Har bir qabiladan uch kishini tanlanglar. Men ularni butun yurtni kezib chiqish uchun yuboraman. Ular o‘z qabilalarining ulushi bo‘yicha, o‘sha yerni tasvirlab yozib kelishadi. Janubdagi Yahudo qabilasining hududi va shimoldagi Yusuf avlodlarining hududlaridan tashqari qolgan butun yurtni yettiga bo‘lasizlar. Keyin shularni yozib, mening oldimga olib kelinglar. Men Egamiz Xudo oldida sizlar uchun qur’a tashlayman. Sizlarning orangizda Levi qabilasiga ulush bermayman. Egamizga ruhoniy bo‘lib xizmat qilish ularning ulushidir. Gad, Ruben qabilalari va Manashe qabilasining boshqa yarmi Iordanning sharq tomonida o‘z ulushlarini olib bo‘lganlar. Egamizning quli Muso o‘sha yerlarni ularga bergan.” Shunday qilib, Yoshua yerning tasvirini yozib kelishni buyurgan kishilar yo‘lga tushdilar. Ular ketmasdan oldin, Yoshua ularga shunday deb tayinlagan edi: “Butun yerni kezib, uning tasvirini yozib kelganingizdan keyin, men Shilo‘da, Egamiz oldida sizlar uchun qur’a tashlayman.” U kishilar borib, yerni yetti qismga bo‘ldilar. Butun yurtni tasvirlab yozib, shaharlarini ro‘yxatga oldilar. Keyin Yoshuaning oldiga, Shilo‘dagi qarorgohga qaytib keldilar. Yoshua Shilo‘da, Egamiz oldida ular uchun qur’a tashlab, o‘sha yerlarni Isroil xalqiga bo‘lib berdi. Qur’a bo‘yicha har bir qabilaga bir ulushdan berdi. Qur’a tashlanganda Benyamin qabilasiga Yahudo qabilasi va Yusuf avlodlari hududlarining orasidagi yerlar ulush bo‘lib tushdi. Benyamin hududining shimoliy chegarasi sharq tomonda Iordan daryosidan boshlanadi, keyin Yerixo qirining yon bag‘ridan shimol tomonga boradi. Qirlar bo‘ylab g‘arb tomonga o‘tib, Bayt–Obun atrofidagi sahroga boradi. U yerdan chegara Luz, ya’ni Baytil tomonga borib, Luzning janubidagi qir bo‘ylab cho‘ziladi. Keyin chegara Otro‘t–Adar shahriga borib, u yerdan pastki Bayt–Xo‘ron shahrining janubidagi qirgacha boradi. U yerdan chegara Bayt–Xo‘ron qarshisidagi qirning g‘arb tomoni bo‘ylab janub tomonga cho‘zilib, Xirat– Baal, ya’ni Xirat–Yorim qishlog‘ida tugaydi. Bu qishloq Yahudo qabilasiga tegishli. G‘arbiy chegara mana shudir. G‘arbda janubiy chegara Xirat–Yorimning chetidan boshlanib, Naftuva buloqlarigacha boradi. Keyin chegara Rafa soyligining shimolidagi tog‘ etagiga boradi. Xinnum soyligi mana shu yerdan boshlanardi. Chegara janub tomonga davom etib, Xinnum soyligi bo‘ylab Yobusning janubidagi qir yon bag‘riga boradi. U yerdan esa En–Ro‘g‘ol tomonga qarab davom etadi. Chegara u yerdan shimolga, En–Shamash tomonga buriladi va Adum dovonining qarshisidagi Gelilo‘tga boradi. Keyin Ruben o‘g‘li Bo‘xan nomi bilan atalgan toshning yonidan o‘tadi. Keyin Iordan vodiysining yonidagi qir yon bag‘rining shimol tomonidan o‘tib, vodiyni ham kesib o‘tadi. U yerdan chegara Bayt–Xo‘glax qirining shimol tomoniga o‘tib, Iordan daryosi O‘lik dengizga quyiladigan joyda tugaydi. Bu Benyamin qabilasi hududining janubiy chegarasidir. U yerning sharqiy chegarasi Iordan daryosidir. Benyamin qabilasiga ulush qilib berilgan yerlarning chegaralari mana shular edi. Quyidagi shaharlar Benyamin qabilasiga berildi: Yerixo, Bayt–Xo‘glax, Emix–Qaziz, Bayt–Araba, Zamorayim, Baytil, Avim, Poro, O‘fra, Xafar–Ommonax, Ofnax va G‘ibo. Hammasi bo‘lib o‘n ikkita shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar. Quyidagi shaharlar ham Benyamin qabilasiga berildi: Givon, Rama, Bero‘t, Mispax, Xafira, Mo‘zox Rahem, Yirpayel, Taralo, Zila, Elef, Yobus (ya’ni Quddus), Givo va Xirat–Yorim. Hammasi bo‘lib o‘n to‘rtta shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar. Mana shu yerlarni Benyamin qabilasiga Yoshua ulush qilib berdi. Qur’a bo‘yicha ikkinchi bo‘lib Shimo‘n qabilasi ulush oldi. Shimo‘n qabilasiga ulush qilib berilgan yerlarning atrofini Yahudo qabilasining hududi o‘rab olgan edi. Quyidagi shaharlar Shimo‘n qabilasiga berildi: Bersheva (yoki Sheba), Mo‘lodax, Xazor–Shuvol, Bala, Ezam, Elto‘lad, Batul, Xo‘rmax, Zixlax, Bayt–Markobo‘t, Xazor–Susa, Bayt–Laboyo‘t va Shoruxan. Hammasi bo‘lib o‘n uchta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Quyidagi shaharlar ham Shimo‘n qabilasiga tegishli edi: Oyin, Rimmon, Eter va Oshon. To‘rtta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. Shimo‘n qabilasining hududi yana janubdagi Baalat–Ber, ya’ni Nagav cho‘lidagi Ramagacha bo‘lgan yerlardagi barcha shaharlarni va ularning atroflaridagi qishloqlarni o‘z ichiga olar edi. Yoshua Yahudo qabilasiga bergan ulush ular uchun keragidan ham ortiq edi. Shuning uchun ularning hududidan bir bo‘lagini olib, Shimo‘n qabilasiga ulush qilib berdi. Qur’a bo‘yicha uchinchi bo‘lib Zabulun qabilasi ulush oldi. Ularga tekkan hududning chegarasi Sorid shahridan boshlanib, g‘arb tomonga boradi va Maralo shahridan o‘tadi. Keyin Dabbeshet shahrining yonidan o‘tib, Yoxnayom shahrining sharqidagi soylikkacha yetadi. Sorid shahrining sharq tomonidan chegara Xislo‘t–Tovur shahrining chegarasigacha cho‘ziladi. Keyin Dovarat shahrigacha borib, Yofiya shahrigacha davom etadi. Chegara yana sharq tomonga davom etib, Gat–Xafer va Et–Kozin shaharlarigacha boradi. Keyin chegara Rimmon shahrigacha borib, u yerdan Niyox shahri tomon buriladi. Hududning shimoliy chegarasi Xannaton shahridan o‘tib, Yiftox–El soyligida tugaydi. Zabulun qabilasining hududida hammasi bo‘lib o‘n ikkita shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar bor edi. O‘sha shaharlarning ba’zilari Kattot, Nahalil, Shimron, Yidalo va Baytlahm shaharlari edi. Mana shu shaharlar va ularning atroflaridagi qishloqlarning hammasini Zabulun qabilasi ulush qilib oldi. Qur’a bo‘yicha to‘rtinchi bo‘lib Issaxor qabilasi ulush oldi. Bu qabilaga ulush qilib berilgan yerlarda quyidagi shaharlar bor edi: Yizril, Xasullo‘t, Shunam, Xaforayim, Shiyon, Anaxarat, Rabbit, Xishion, Avaz, Remot, En–Xannim, En–Xaddax, Bayt–Pazez. Shimoldagi bu hududning chegarasi Tovur tog‘idan boshlanib, Iordan daryosida tugaydi. Tovur, Shaxazimo va Bayt–Shamash shaharlari ham mana shu hududga kirar edi. Hammasi bo‘lib o‘n oltita shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar. Mana shu shaharlar va ularning atroflaridagi qishloqlarni Issaxor qabilasi ulush qilib oldi. Qur’a bo‘yicha beshinchi bo‘lib Osher qabilasi ulush oldi. Ularning hududi quyidagi shaharlarni o‘z ichiga olar edi: Xalkat, Xaliy, Beten, Axshof, Alammalek, Emod va Mishol. Hududning janubiy chegarasi O‘rta yer dengizidan boshlanib, Karmil qirlarining etaklaridagi Shixor–Libnat soyligi bo‘ylab cho‘ziladi. U yerdan chegara sharq tomonga burilib, Bayt– Do‘g‘on shahrigacha boradi va Yiftox–El vodiysidagi Zabulun qabilasi hududining chegarasi bilan tutashadi. Keyin sharqiy chegara shimol tomonga burilib, Bayt–Emix va Nabiyol shahrigacha boradi. Hududning chegarasi Kavul, Abdo‘n, Rexob, Xammon, Kanax shaharlaridan o‘tib, Buyuk Sidon shahrigacha yetadi. Bu yerdan g‘arbga burilib, mana shu shimoliy chegara Ramaga boradi–da, mustahkam Tir shahrigacha yetadi. Keyin chegara Xo‘sax shahri tomon burilib ketadi va O‘rta yer dengizining oldida tugaydi. Osher qabilasining hududi quyidagi shaharlarni ham o‘z ichiga olar edi: Maxalav, Axsib, Ummo, Ofoq va Rexob. Hammasi bo‘lib yigirma ikkita shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar. Mana shu yerlarning hammasini Osher qabilasi ulush qilib oldi. Qur’a bo‘yicha oltinchi bo‘lib Naftali qabilasi ulush oldi. Naftali qabilasi hududining janubiy chegarasi Xalef shahridan Zananim shahri yonidagi eman daraxti yonigacha boradi. U yerdan chegara Adamiy–Naxab, Yobnail va Laxum shaharlarigacha davom etib, Iordan daryosida tugaydi. Hududning g‘arbiy chegarasi Ozno‘t–Tovur shahridan o‘tib, Huqqoq shahrigacha boradi. Naftali qabilasining hududi janub tomonda Zabulun qabilasining hududi bilan chegaradosh, g‘arb tomonda Osher qabilasining hududi bilan chegaradosh. Sharqiy chegarasi esa Iordan daryosidir. Naftali qabilasining hududidagi mustahkam shaharlar quyidagilardir: Ziddim, Zer, Xammat, Raxat, Keneret, Adama, Rama, Xazor, Kedesh, Edrey, En–Xazor, Iro‘n, Migdal–El, Xorem, Bayt–Onot va Bayt–Shamash. Hammasi bo‘lib o‘n to‘qqizta shahar va ularning atroflaridagi qishloqlar. Naftali qabilasi mana shu yerlarni ulush qilib oldi. Qur’a bo‘yicha yettinchi bo‘lib Dan qabilasi ulush oldi. Ularning hududi quyidagi shaharlardan iborat edi: Zorox, Eshtoyo‘l, Ir–Shamash, Shalabbin, Oyjavlon, Yitla, Elo‘n, Timnax, Exron, Eltaxa, Gibiton, Baalat Yohud, Bani–Baraq, Gat–Rimmon, Mejarkon, Raxxo‘n va Yaffaning qarshisidagi joylar. [47-48] Mana shu shaharlar va ularning atroflaridagi qishloqlar Dan qabilasining ulushi edi. Ammo keyinchalik dushmanlar kelib, bu yerlarni bosib oldilar. Shunda Dan qabilasi shimol tomonga borib, Layish shahriga hujum qildi. Ular shaharni qo‘lga kiritib, butun shahar aholisini qirib tashladilar. O‘zlari esa shu shaharda joylashib, uni o‘z bobosi Dan sharafiga Dan, deb atadilar. *** Barcha yerlar Isroil qabilalariga bo‘lib berilgandan keyin, Isroil xalqi Yoshuaga ham ulush berdi. Egamiz Isroil xalqiga, Yoshua xohlagan shaharni unga beringlar, deb amr qilgan edi. Yoshua Efrayim qirlaridagi Timnat–Serax shahrini so‘radi. Isroil xalqi o‘sha shaharni Yoshuaga berdi. Yoshua u shaharni qaytadan qurib, o‘sha yerda joylashdi. Mana shu yerlarning hammasini ruhoniy Elazar, Nun o‘g‘li Yoshua va qabilalar boshliqlari Isroil qabilalariga ulush qilib berdilar. Shilo‘dagi Uchrashuv chodiriga kiraverishda, Egamizning huzurida qur’a tashlab shunday qildilar. Shunday qilib, butun yurtni bo‘lib olish ham o‘z nihoyasiga yetdi. Egamiz bir kuni Yoshuaga shunday deb aytdi: — Isroil xalqiga shu gaplarni yetkazgin: “Muso orqali sizlarga buyurganimday, panoh shaharlarni belgilanglar. Shunda birortasi bilmasdan odam o‘ldirib qo‘ysa, qochib o‘sha shaharlardan biriga borsin. O‘lgan odamning qarindoshlari qasos olmoqchi bo‘lib, qotilning orqasidan quvib borsa, u mana shu shaharlarning birida panoh topadi. Shaharga yetib borgandan keyin, qotil shahar darvozasi oldida o‘tirgan shahar rahbarlariga o‘z vaziyatini tushuntirsin. Shunda uni shaharga olib kirib, uy–joy berishadi. Qasoskor qotilning orqasidan quvib kelsa, uni qasoskorga bermaslik kerak. Axir, u odamni bilmasdan o‘ldirib qo‘ygan, ularning orasida hech qanday dushmanlik yo‘q edi. Jamoa yig‘ilib, qotilni hukm qilmaguncha, o‘sha odam panoh shaharda qolishi lozim. Aybsiz, deb topilgandan keyin esa qotil o‘sha paytda xizmat qilayotgan oliy ruhoniyning o‘limiga qadar panoh shaharda yashashi kerak. Oliy ruhoniyning o‘limidan keyingina u o‘zi qochib kelgan joyga qaytib borishi mumkin.” Iordan daryosining g‘arb tomonida Isroil xalqi panoh shaharlar qilib quyidagi shaharlarni ajratdi: Naftali qabilasiga tegishli qirlarda joylashgan Jaliladagi Kedesh shahri, Efrayim qabilasiga tegishli qirlardagi Shakam shahri, Yahudo qabilasining qirlaridagi Xirat–Arba, ya’ni Xevron shahri. Iordan daryosining sharqida, Yerixo shahrining qarshi tomonida esa Isroil xalqi quyidagi shaharlarni panoh shaharlar qilib ajratdi: yassi tepalik sahrosida joylashgan Ruben qabilasiga tegishli bo‘lgan Bazer shahri, Gad qabilasiga tegishli Giladdagi Ramo‘t shahri, Manashe qabilasiga tegishli Bashandagi Go‘lon shahri. Mana shu shaharlar Isroil xalqi va ularning orasida yashayotgan begonalar uchun ajratildi. Agar birortasi bilmasdan odam o‘ldirib qo‘ysa, o‘sha panoh shaharlardan biriga qochib boradi. Shunday qilib, jamoa adolatli hukm chiqarmaguncha, odam o‘ldirgan kishi panoh shaharda xavf–xatarsiz bo‘lib, uni quvib kelgan qasoskor qo‘lida halok bo‘lmaydi. Levi qabilasi urug‘larining boshliqlari kelib, ruhoniy Elazar, Nun o‘g‘li Yoshua va boshqa Isroil qabilalarining boshliqlari bilan gaplashishdi. Isroil xalqi hali ham Kan’on yurtidagi Shilo‘ shahrida edi. Levi qabilasidan kelganlar shunday deyishdi: “Levi qabilasiga yashash uchun shaharlar, qo‘y–mollarini boqish uchun esa shaharlarning atrofidagi yaylovlarni bergin, deb Egamiz Musoga amr qilgan edi.” Shunda Egamizning amri bo‘yicha Isroil xalqi o‘zlarining yerlaridan Levi qabilasiga quyidagi shaharlar va ularning atrofidagi yaylovlarni berdi. Qur’a birinchi bo‘lib, Levi qabilasining Qohot urug‘iga tushdi. Qohot urug‘idan bo‘lgan Horun nasliga Yahudo, Shimo‘n va Benyamin qabilalaridan o‘n uchta shahar berildi. Yana qur’a bo‘yicha Qohot urug‘ining qolgan oilalariga Iordan daryosining g‘arbidagi Manashe qabilasining yarmiga tegishli hududdan, Efrayim va Dan qabilalarining hududidan o‘nta shahar berildi. Qur’a tashlanib, Gershon urug‘idan bo‘lganlarga Iordan daryosining sharqidagi Manashe qabilasining yarmiga tegishli Bashandagi hududdan, Issaxor, Osher va Naftali qabilalarining hududlaridan o‘n uchta shahar berildi. Qur’a bo‘yicha Marori urug‘iga Ruben, Gad va Zabulun qabilalarining hududidan o‘n ikkita shahar berildi. Egamizning Musoga bergan amriga ko‘ra, Isroil xalqi qur’a tashlab mana shu shaharlar va ularning yaylovlarini Levi qabilasiga berdi. [9-10] Quyida aytib o‘tilgan, Yahudo va Shimo‘n qabilalari hududlaridagi shaharlarni Isroil xalqi qur’a bo‘yicha, birinchi bo‘lib Horunning nasli bo‘lgan Qohot urug‘iga berdi. *** Ularga Yahudo qirlaridagi Xevron shahri va uning atrofidagi yaylovlari berildi. Xevron hozirgi paytda Xirat–Arba, deb ataladi. Arba Inoq avlodining ajdodi edi. Ammo o‘sha shaharning yonidagi dalalar va atrofidagi qishloqlar Yafunax o‘g‘li Xolibga mulk qilib berilgan edi. Panoh shaharlaridan biri bo‘lgan Xevrondan tashqari ruhoniy Horun nasliga yana quyidagi shaharlar va ularning atroflaridagi yaylovlar ham berildi: Libna, Yatir, Eshtamo‘va, Xo‘lun, Davir, Oyin, Yutto va Bayt–Shamash. Hammasi bo‘lib Yahudo va Shimo‘n qabilalarining hududlaridagi mana shu to‘qqizta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar. Benyamin qabilasining hududidan esa quyidagi to‘rtta shahar va ularning atrofidagi yaylovlar berildi: Givon, G‘ibo, Onoto‘t, Elmo‘n. Mana shu o‘n uchta shahar Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga berildi. Qohot urug‘ining qolgan oilalariga Efrayim qabilasi hududidan quyidagi to‘rtta shahar va ularning atrofidagi yaylovlar ajratib berildi: Efrayim qirlaridagi panoh shahri bo‘lgan Shakam, Gezer, Xivzayim, Bayt–Xo‘ron. Dan qabilasining hududidan quyidagi to‘rt shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar ham ruhoniylarga berildi: Eltaxa, Gibiton, Oyjavlon, Gat–Rimmon. Iordanning g‘arb tomonidagi Manashe qabilasining yarmiga berilgan hududdan quyidagi ikki shahar va ularning atroflaridagi yaylovlari ruhoniylarga berildi: Tanax, Gat–Rimmon. Qohot urug‘ining qolgan oilalariga mana shu o‘nta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi. Iordanning sharqidagi Manashe qabilasining yarmiga berilgan hududdan Levi qabilasining Gershon urug‘iga quyidagi ikki shahar va ularning atrofidagi yaylovlar berildi: Bashandagi panoh shahar Go‘lon, Beshtara. Issaxor qabilasining hududidan ularga yana quyidagi to‘rtta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar ham berildi: Xishion, Dovarat, Yarmut, En–Xannim. Osher qabilasining hududidagi quyidagi to‘rtta shahar va ularning atrofidagi yaylovlar ham Gershon urug‘iga berildi: Mishol, Abdo‘n, Xalkat, Rexob. Ular yana Naftali qabilasi hududidan quyidagi uchta shahar va ularning atrofidagi yaylovlarni ham oldilar: Xammutdo‘r, Kartan va Jaliladagi panoh shahar Kedesh. Gershon urug‘iga mana shu o‘n uchta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi. Levi qabilasining qolganlariga, ya’ni Marori urug‘iga Zabulun qabilasining hududidan quyidagi to‘rtta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi: Yoxnayom, Kartax, Dimna, Nahalil. Ruben qabilasining hududidan quyidagi to‘rtta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar ham Marori urug‘iga berildi: Bazer, Yaxaz, Kadamo‘t, Mifat. Gad qabilasining hududidan esa quyidagi to‘rtta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar ularga berildi: Giladdagi panoh shahar Ramo‘t, Moxanayim, Xashbon, Yazir. Levi qabilasining Marori urug‘iga mana shu o‘n ikkita shahar berildi. Isroil xalqining yerlaridan Levi qabilasiga hammasi bo‘lib qirq sakkizta shahar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi. Mana shu shaharlarning har birining atrofida yaylovlar bor edi. Egamiz Isroil xalqiga butun yurtni berdi. Egamizning O‘zi Isroil xalqining ota–bobolariga, mana shu yerlarni sizlarga beraman, deb va’da qilgan edi. Isroil xalqi u yerlarni egallab, o‘sha yerlarda joylashdi. Egamiz ularning ota–bobolariga va’da qilganday, butun yurt bo‘ylab Isroil xalqiga osoyishtalik berdi. Hech bir dushman ularga bas kela olmadi, chunki Egamizning O‘zi Isroil xalqiga dushmanlarining ustidan g‘alaba bergan edi. Egamiz Isroil xalqiga bergan yaxshi va’dalarning hammasi ro‘yobga chiqdi, birortasi ham bajarilmay qolmadi. Yoshua Iordan daryosining sharq tomonida ulush olgan Ruben, Gad qabilalarini va Manashe qabilasining yarmini chaqirib, shunday dedi: “ Egamizning quli Muso nima amr qilgan bo‘lsa, hammasini bajardingiz. Men buyurganlarimning hammasiga itoat qildingiz. Yurtni egallashga shuncha uzoq vaqt ketgan bo‘lsa ham, siz o‘z birodarlaringizni tark etmadingiz, Egangiz Xudo qo‘ygan talablarni bitta qoldirmay bajardingiz. Egangiz Xudo O‘zi va’da qilganday, birodarlaringizga tinchlik berdi. Egamizning quli Muso sizlarga Iordanning sharq tomonidan ulush berdi. Endi o‘sha yerlardagi o‘zingizning chodirlaringizga qaytinglar. Egamizning quli Muso sizlarga buyurgan amr va qonunlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Egangiz Xudoni sevinglar, Uning yo‘lidan yurib, amrlarini bajarib, Unga sodiq bo‘ling, Unga butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan xizmat qiling.” Yoshua ularni duo qilib, o‘z yerlariga yubordi. Ular o‘z chodirlariga qaytib ketishdi. Manashe qabilasining yarmiga Muso Bashan yerlarini ulush qilib bergan edi, ikkinchi yarmiga esa Yoshua qolgan Isroil qabilalari bilan birga Iordanning g‘arbidan yer bergan edi. Yoshua duo qilib, ularni o‘z chodirlariga yuborayotganda, shunday degan edi: “O‘z chodirlaringizga ko‘p boylik bilan, juda ham ko‘p mol–qo‘y, kumush, oltin, bronza, temir, ko‘p kiyim–kechaklar bilan qaytib ketyapsizlar. Dushmanlaringizdan olgan o‘sha o‘ljalarni birodarlaringiz bilan bo‘lishib olinglar.” Shunday qilib, Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi o‘z uylariga qaytib ketishdi. Ularning hududi Iordan daryosining sharqida joylashgan edi. Egamiz O‘z quli Muso orqali amr qilib, ularga: “Mana shu yerlarni egallab olib, shu yerda joylashinglar”, degan edi. Isroil xalqining qolganlari Kan’on yurtidagi Shilo‘da qoldi. Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi hali ham Kan’on yurtida ekanlar, Iordan daryosidan o‘tishdan oldin, daryoning yonidagi Gelilo‘t degan joyda juda katta qurbongoh qurishdi. Qolgan Isroil xalqiga: “Iordanning sharqidan ulush olgan Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi biz tomonda, Kan’on yurtining chegarasida, Gelilo‘tda qurbongoh quribdi”, deb aytishdi. Isroil xalqining jamoasi buni eshitib, Manashe qabilasining yarmi, Ruben va Gad qabilalariga qarshi jang qilish uchun Shilo‘da yig‘ildi. Ammo avval ular Giladga — Manashe qabilasining yarmi va Ruben, Gad qabilalarining oldiga ruhoniy Elazar o‘g‘li Finxazni yuborishdi. Iordanning g‘arbidagi qabilalarning har biridan bir kishi — o‘z qabilasining boshlig‘i bo‘lgan o‘n kishi ham Finxaz bilan birga bordi. Ular Iordan daryosidan o‘tib, Giladga bordilar. O‘sha yerda Finxaz va u bilan kelganlar Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmiga shunday dedilar: — Biz Egamiz jamoasi nomidan gapiryapmiz. Nima uchun Isroil xalqining Xudosiga xiyonat qildingiz? Qanday qilib Egamizdan yuz o‘girib, Unga qarshi bosh ko‘tarib, o‘zingizga qurbongoh qurdingiz? Piyor tog‘ida qilgan gunohimiz yetmasmidi?! O‘sha gunoh tufayli Egamizning butun jamoasi boshiga ofat keldi–ku. Shunda ham biz hali o‘sha gunohdan butunlay poklanganimiz yo‘q. Sizlar esa yana Egamizdan yuz o‘giryapsiz?! Sizlar bugun Egamizga qarshi bosh ko‘targan bo‘lsangiz, ertaga U butun Isroil jamoasidan g‘azablanadi. Yeringiz Egamizga sajda qilishga mos kelmaydigan joy bo‘lsa, daryoning narigi tomoniga, Egamiz O‘z chodirini tikkan joyga o‘tib, bizning oramizda o‘zingizga biror yerni mulk qilib olinglar. Ammo Egamiz Xudoning qurbongohidan tashqari yana boshqa qurbongoh qurib olib, Egamizga yoki bizga qarshi bosh ko‘tarmanglar. Zerax o‘g‘li Oxun Egamizga xiyonat qilib, bag‘ishlangan narsalardan o‘g‘irlagan edi. Shu tufayli butun Isroil xalqining boshiga kulfat tushdi–ku! O‘sha gunoh deb yolg‘iz uning o‘zi halok bo‘lmadi–ku! Shunda Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi Isroil qabilalarining boshliqlariga shunday javob berishdi: — Xudolar Xudosi Egamizdir! Xudolar Xudosi Egamizdir! Uning O‘zi guvohimiz bo‘lsin. Egamizning O‘zi biladi. Butun Isroil xalqi ham bilsin. Biz qurbongohni Egamizga qarshi bosh ko‘tarib yoki Unga xiyonat qilib qurganimiz yo‘q. Agar shu niyatda qurbongoh qurgan bo‘lsak, endi bizni ayamanglar. Biz bu qurbongohni Egamizdan yuz o‘girganimiz uchun emas, hatto shu qurbongoh ustida kuydiriladigan qurbonliklaru don nazrlari va tinchlik qurbonliklari keltirish uchun ham qurganimiz yo‘q. Agar shu niyatda qurbongoh qurgan bo‘lsak, Egamizning O‘zi bizni jazolasin. Biz qo‘rqqanimizdan shunday qildik. Vaqti kelib, sizlarning avlodlaringiz bizning avlodimizga shunday deb qolishi mumkin: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bilan sizlarning nima ishingiz bor?! Egamiz sizlar — Ruben va Gad qabilalari bilan bizning oramizda Iordan daryosini chegara qilib qo‘ydi, Egamizda sizning hech haqingiz yo‘q.” Sizlarning avlodingiz shunday deb bizning avlodlarimizni Egamizga sajda qilishdan to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun biz shunday dedik: “Kelinglar, qurbongoh quraylik, bu qurbongoh kuydiriladigan qurbonliklaru boshqa har xil qurbonliklar keltirish uchun ishlatilmaydi.” Biz bu qurbongohni siz bilan bizning oramizda, bizdan keyingi avlodlar orasida guvoh bo‘lsin, deb qurdik. Mana shu qurbongoh biz ham, sizlar qatori, Egamizning chodiri oldida Egamizga sajda qilib, o‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklari keltirishimizni ko‘rsatadi. Shunda sizlarning avlodlaringiz bizning avlodlarimizga hech qachon: “Egamizda sizlarning haqingiz yo‘q”, — demaydi. Agar biz bilan sizlarning orangizda yoki avlodlarimiz orasidan shunday gap o‘tsa, biz yoki avlodlarimiz quyidagiday javob bera olamiz: “Mana, Egamiz qurbongohining nusxasiga qaranglar. Bizning ajdodlarimiz uni kuydiriladigan qurbonliklar va boshqa har xil qurbonliklar keltirish uchun emas, balki siz bilan bizning o‘rtamizda guvoh bo‘lishi uchun qurishgan.” Faqat Egamiz Xudoning chodiri oldida turgan qurbongohdagina Unga atab kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va boshqa qurbonliklar keltirish mumkin. Egamizga qarshi bosh ko‘tarishdan, Undan yuz o‘girib, qurbonliklar keltirish uchun boshqa qurbongoh qurishdan Uning O‘zi saqlasin. Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi aytgan bu gaplarni eshitib, ruhoniy Finxaz va u bilan birga kelgan Isroil xalqining boshliqlari juda mamnun bo‘lishdi. Ruben, Gad qabilalariga va Manashe qabilasining yarmiga Elazar shunday dedi: — Bugun Egamiz biz bilan birga ekanligini bilamiz. Sizlar Egamizga xiyonat qilmay, butun Isroil xalqini Uning g‘azabidan saqlab qoldingiz. Keyin Elazar va Isroil xalqi boshliqlari Giladdan Kan’on yurtiga, Isroil xalqining oldiga qaytib kelib nima bo‘lganini aytib berishdi. Ular olib kelgan xabar Isroil xalqini mamnun qildi. Isroil xalqi Xudoga hamdu sano aytib, Ruben va Gad qabilalariga qarshi jang qilish va ularning yerlarini vayron qilish haqida boshqa og‘iz ochmadi. “Mana shu qurbongoh bizning oramizda Egamiz Xudo ekanligiga guvoh”, deb Ruben va Gad qabilalari qurbongohga Guvoh degan nom berishdi. Ancha yillar o‘tdi, Egamiz Isroil xalqiga ularning atroflaridagi dushmanlaridan tinchlik bergan edi. Yoshua ham yoshi ancha o‘tib, qarib qolgan edi. U butun Isroil xalqini, ularning oqsoqollariyu boshliqlarini, hakam va nazoratchilarini chaqirib shunday dedi: “Mening yoshim ham o‘tdi, ancha qarib qoldim. Egangiz Xudo sizlar uchun atrofingizdagi xalqlarni nima qilganini ko‘rdingiz. Egangiz Xudoning O‘zi sizlar uchun jang qildi. Men Isroil xalqining qabilalariga sharqda Iordan daryosidan boshlab g‘arbdagi O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan yerlarni mulk qilib berdim. Men sizlarga mag‘lub bo‘lgan xalqlarning ham, hali mag‘lub qilinmagan xalqlarning ham yerlarini berdim. Egangiz Xudoning O‘zi o‘sha xalqlarni oldingizdan haydab, orqaga chekintiradi. Egangiz Xudoning O‘zi va’da qilganday, sizlar ularning yerlarini egallaysizlar. Musoning Tavrot kitobida yozilgan barcha qonunlardan chetga chiqmanglar. Ularni bitta ham qoldirmay bajaringlar. Orangizda qolgan o‘zga xalqlarga qo‘shilmanglar. Ularning xudolarining nomlarini tilga ham olmanglar, o‘sha xudolarning nomi bilan qasam ichmanglar. U xudolarga sajda ham qilmanglar, xizmat ham qilmanglar. Ammo shu paytgacha qilib kelganingizday, Egangiz Xudoga sodiq qolinglar. Egamiz sizlarning oldingizdan katta va kuchli xalqlarni haydab chiqardi, mana shu kungacha hech kim sizlarga bas kela olgani yo‘q. Egangiz Xudo va’da qilganday, Uning O‘zi sizlar uchun jang qiladi. Dushmanlarning mingtasi bittangizga bas kela olmaydi. Shuning uchun doimo chin dildan Egangiz Xudoni sevinglar. Undan yuz o‘girmang, orangizdagi o‘zga xalqlar bilan aralashmang, ular bilan quda–andachilik qilmang. Agar shunday qilsangiz, bilib qo‘yingki, Egangiz Xudo o‘sha xalqlarni sizlarning oldingizdan boshqa haydab chiqarmaydi. Ular sizlarga qopqon va tuzoqday, biqinlaringizga qamchiday, ko‘zlaringizga esa tikanday bo‘ladi. Oxiri, Egangiz Xudo sizlarga bergan mana shu hosildor yurtda birortangiz ham tirik qolmaysiz. Men ham bir bandaman, umrim oxirlab boryapti. Shubhasiz, hammangiz bilasiz, Egangiz Xudo sizlarga yaxshi va’dalar bergan edi, shu va’dalarning hammasi ro‘yobga chiqdi, ularning birortasi ham bajarilmay qolmadi. Egangiz Xudo sizlarga va’da qilgan barcha yaxshi narsalarni ro‘yobga chiqardi. Agar Egamizga itoat qilmasangiz, U sizlarni ogohlantirib aytgan kulfatlarni boshingizga soladi. Oqibatda U sizlarga bergan mana shu hosildor yurtdan sizlarni butunlay yo‘q qilib tashlaydi. Agar sizlar Egangiz Xudo bilan qilgan ahdni buzib, boshqa xudolarga ergashsangiz, ularga xizmat qilib, sajda qilsangiz, sizlarga qarshi Egamizning g‘azabi qo‘zg‘aydi–da, U sizlarga bergan mana shu hosildor yurtdan tezda qirilib ketasizlar.” Keyin Yoshua barcha Isroil qabilalarini, ularning oqsoqollari, boshliqlari, hakamlari va nazoratchilarini Shakamga chaqirtirdi. Ular Xudoning huzuriga keldilar. Yoshua butun xalqqa shunday dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Qadimda sizlarning ajdodlaringiz, jumladan, Terah va uning o‘g‘illari Ibrohim hamda Naxo‘r Furot daryosining narigi tomonida yashaganlar. Ular boshqa xudolarga xizmat qilganlar. Men sizlarning ota–bobongiz bo‘lgan Ibrohimni Furotning narigi tomonidagi yerdan olib, butun Kan’on yurti bo‘ylab boshlab bordim. Ibrohimning naslini ko‘paytirdim. Ibrohimga Is’hoqni berdim. Is’hoqqa esa Yoqub va Esovni berdim. Esovga yashash uchun Seir tog‘larini berdim. Yoqub va uning farzandlari esa Misrga bordilar. Keyin Muso va Horunni Misrga yuborib, Misr xalqining boshiga falokatlar keltirdim. O‘shandan keyin sizlarni Misrdan olib chiqdim. Ota–bobolaringiz Qizil dengizga yetib keldi. Misrliklar esa aravakashlari va jang aravalari bilan ularni Qizil dengizgacha quvib bordilar. Ota–bobolaringiz Menga iltijo qilganlarida, Men Misrliklar va ota–bobolaringiz orasiga qorong‘ilik tushirdim. Misrliklarning ustiga dengiz suvlarini bostirib, ularni g‘arq qildim. Misrni qay ahvolga solganimni sizlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Undan keyin sizlar sahroda uzoq vaqt yashadingiz. Keyin Men sizlarni Iordan daryosining sharq tomonidagi yurtga olib keldim. U yerda Amor xalqi yashar edi. Ular sizlarga qarshi chiqib jang qildi. Men sizlarga ularning ustidan g‘alaba berdim. Ularni sizlarning oldingizdan qirib tashladim, sizlar ularning yerlarini egallab oldingiz. Keyin Mo‘ab shohi — Zippur o‘g‘li Boloq sizlarga qarshi jangga chiqdi. Isroil xalqini la’natlasin, deb u Bavo‘r o‘g‘li Balomni chaqirtirdi. Ammo Men Balomga quloq solmadim, aksincha, o‘z ixtiyoriga qarshi u sizlarni duo qildi. Shunday qilib, Men sizlarni Boloqning qo‘llaridan qutqardim. Sizlar Iordandan o‘tib, Yerixoga kelganingizda, Yerixo aholisi sizlarga qarshi jang qildi. Amor, Pariz, Kan’on, Xet, Girgosh, Xiv va Yobus xalqlari ham sizlarga qarshi urush qildi. Men sizlarga ularning ustidan g‘alaba berdim. Ikki Amor shohini vahimaga solib, arilar galasi singari quvdim. Buni sizlar qilichu kamonlaringiz bilan qilmadingiz. Sizlarga o‘zingiz ishlov bermagan yerlarni berdim. Endi sizlar o‘zingiz qurmagan shaharlarda yashayapsizlar, o‘zingiz ekmagan uzumzoru zaytun bog‘larining mevasini yeyapsizlar.” Yoshua gapida davom etib, shunday dedi: — Endi Egamizdan qo‘rqing, Unga sodiq bo‘lib, doimo chin dildan xizmat qiling. Ajdodlaringiz Furot daryosining narigi tomonida va Misrda sajda qilgan xudolarni tashlab, faqatgina Egamizga xizmat qiling. Agar Unga xizmat qilishni ma’qul ko‘rmasangiz, kimga xizmat qilishingizni bugun tanlang. Furot daryosining narigi tomonida yashagan paytda sajda qilgan xudolaringizga xizmat qilasizlarmi? Yoki oldin Amor xalqlariga tegishli bo‘lgan yerlarda yashayotganingiz uchun endi ularning xudolariga xizmat qilasizlarmi? Bugun tanlang. Men va oilam esa Egamizga xizmat qilamiz. Xalq javob berdi: — Xudo saqlasin! Biz hech qachon boshqa xudolarga xizmat qilish uchun Egamizni tashlab ketmaymiz! Bizni va ota–bobolarimizni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egamiz Xudodir. U qilgan mo‘jizalarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Har xil xalqlarning orasidan o‘tganimizda, qayerga bormaylik, U bizni himoya qildi. Mana shu yurtda yashagan Amor va boshqa xalqlarning hammasini Egamiz bizning oldimizdan haydab yubordi. Shuning uchun ham biz Egamizga xizmat qilamiz, U bizning Xudoyimizdir. Yoshua xalqqa shunday dedi: — Egamiz Muqaddas Xudodir. U rashkchi Xudo. Siz Unga xizmat qila olmaysiz. Agar Unga qarshi bosh ko‘tarsangiz yoki gunoh qilsangiz, U sizlarni kechirmaydi. Egamiz sizlarga shuncha yaxshilik qilgan bo‘lsa ham, agar Uni tashlab, boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, U boshingizga kulfat keltirib, qirib tashlaydi. Xalq Yoshuaga shunday dedi: — Yo‘q, boshqa xudolarga xizmat qilmaymiz, biz Egamizga xizmat qilamiz! Shunda Yoshua xalqqa dedi: — Egamizga xizmat qilamiz, deb tanlaganingizga o‘zingiz guvohsiz. — Ha, guvohmiz, — deb javob berdi xalq. Yoshua: — Unday bo‘lsa, orangizdagi begona xudolarni tashlab, butun qalbingiz bilan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga bog‘laninglar, — dedi. Xalq Yoshuaga shunday dedi: — Egamiz Xudoga xizmat qilamiz, Unga quloq solamiz. O‘sha kuni Yoshua Shakamda xalq bilan ahd tuzib, ular bajarishlari uchun qonun–qoidalar berdi. Yoshua bu so‘zlarni Xudoning Tavrot kitobiga yozdi. Keyin katta tosh olib, uni sajdagohda eman daraxtining tagiga yodgorlik qilib o‘rnatdi. Yoshua butun xalqqa shunday dedi: — Qaranglar, mana shu tosh Egamiz bizga aytgan hamma gaplarni eshitgan, shuning uchun agar Egamizga bergan va’dada turmasak, u bizga qarshi guvoh bo‘ladi. Shundan keyin Yoshua xalqni o‘zlari ulush qilib olgan yerlarga yubordi. Birmuncha vaqtdan keyin Egamizning quli Yoshua 110 yoshga kirib vafot etdi. Gash tog‘ining shimolidagi, Efrayim qirlarida joylashgan Timnat–Serax shahri Yoshuaga ulush qilib berilgan edi. Uni o‘sha yerda dafn qildilar. Yoshua butun umri davomida Isroil xalqi Egamizga xizmat qildi. Yoshuadan keyin qolgan, Egamiz Isroil xalqi uchun qilgan hamma ishlarni ko‘rgan boshqa oqsoqollarning hayoti davomida ham Isroil xalqi Egamizga xizmat qildi. Isroil xalqi Misrdan chiqqanda Yusufning suyaklarini o‘zlari bilan olgan edi. Ular mana shu suyaklarni Shakamda ko‘mishdi. Yoqub bu yerni Shakamning otasi Xamo‘rning o‘g‘illaridan yuz bo‘lak kumushga sotib olgan edi. O‘sha yer Yusuf avlodlarining ulushi bo‘lib qoldi. Horun o‘g‘li Elazar ham vafot etdi. Elazarning o‘g‘li Finxazga Efrayim qirlaridagi Givo shahri ulush qilib berilgan edi. Elazar o‘sha joyga dafn qilindi. Yoshuaning o‘limidan so‘ng, Isroil xalqi Egamizdan: “ Kan’on xalqiga qarshi jang qilish uchun oramizdan kim birinchi bo‘lib chiqsin?” — deb so‘radi. “ Yahudo qabilasi chiqsin, — dedi Egamiz. — Men bu yurtni ularning qo‘liga beryapman.” Shunda Yahudo qabilasi qardoshi bo‘lgan Shimo‘n qabilasiga shunday dedi: “Kelinglar, birgalikda bizga ulush bo‘lib tushgan yerga boraylik. O‘sha yerda birgalashib Kan’on xalqiga qarshi jang qilaylik. Keyin biz ham sizlarga tushgan ulushga ergashib boramiz.” Shunday qilib, Shimo‘n qabilasi ular bilan birga bordi. Yahudo qabilasi jangga chiqdi. Kan’on va Pariz xalqlarini Egamiz ularning qo‘liga bergani uchun, ular Bazax shahrida o‘n mingta dushmanini qirib tashlashdi. O‘sha yerda shoh Odonivazaxga duch kelishdi, unga hujum qilib, Kan’on va Pariz xalqlarini mag‘lub etishdi. Odonivazax qochdi, ammo ular uning ketidan quvib, qo‘lga olishdi va oyoq–qo‘llarining bosh barmoqlarini chopib tashlashdi. Shunda Odonivazax dedi: “Oyoq–qo‘llarining bosh barmoqlari chopib tashlangan yetmishta shoh dasturxonimdan tushgan ushoqlarni terib yurishar edi. Men o‘sha shohlarning boshiga solgan ne–ne kunlarni Xudo qaytarib o‘z boshimga soldi.” Isroil odamlari Odonivazaxni Quddusga olib borishdi, u o‘sha yerda jon berdi. Keyin Yahudo qabilasi Quddusga hujum qilib, shaharni qo‘lga kiritdi. Ular u yerdagilarni qilichdan o‘tkazib, shaharga o‘t qo‘yishdi. So‘ng esa qirlarda, g‘arbdagi qirlar etaklarida va Nagav cho‘lida yashovchi Kan’on xalqiga qarshi jang qilish uchun janubga qarab yurishdi. Yahudo qabilasi Xevron shahrida istiqomat qilgan Kan’on xalqiga hujum qilib, Sheshay, Oximan va Talmay qo‘shinlarini yakson qildi. Xevronning eski nomi Xirat–Arba edi. U yerdan Yahudo odamlari Davir shahriga hujum qilish uchun yo‘lga tushishdi. Davirning eski nomi Xirat–Safar edi. Shunda Xolib: “Xirat–Safarga hujum qilib, qo‘lga kiritgan kishiga qizim Axsani beraman”, — dedi. O‘tniyol shaharni qo‘lga kiritdi, Xolib esa unga qizi Axsani uzatdi. O‘tniyol — Xolibning jiyani, aniqrog‘i, Xanaz ismli kenja ukasining o‘g‘li edi. To‘ydan keyin qiz O‘tniyolga: “Keling, otamdan bir dala so‘rab olaylik”, deb turib oldi. Xolib eshakdan tushayotgan qiziga: “Ha, qizim, biron istaging bormi?” — deb so‘radi. “Menga bir sovg‘a qilsangiz, — dedi Axsa. — Siz menga Nagav cho‘lidagi yerni berdingiz, endi suv buloqlarini ham hadya eting.” Shunday qilib, Xolib unga tepadagi va pastdagi buloqlarni berdi. Yahudo xalqi palma shahri — Erixoni tark etdi. Musoning qaynatasi avlodidan bo‘lgan Xayin xalqi Yahudo xalqiga ergashib, Yahudo cho‘liga yo‘l oldi. Ular Arod shahrining janubida joylashib, u yerda mahalliy xalq orasida o‘rnashib oldilar. Yahudo va Shimo‘n qabilalari birgalikda Zafat shahrida yashaydigan Kan’on xalqiga hujum qilib, shaharni yer bilan yakson qilishdi. Shuning uchun bu shahar Xo‘rmax, deb atalgan. Yahudo qabilasi G‘azo, Ashqalon, Exron shaharlarini va ularning atrofidagi yerlarni qo‘lga kiritdi. Egamizning O‘zi Yahudo qabilasi bilan bo‘lgani uchun, ular qirlarni egallab oldilar. Ammo tekislikda yashaydigan xalqlarni o‘z yeridan quva olmadilar, chunki o‘sha xalqlarning temir jang aravalari bor edi. Muso aytganidek, Xevron shahri Xolibga berildi. Xolib u yerdan Inoqdan kelib chiqqan uchta urug‘ni quvib chiqardi. Benyamin qabilasi esa Quddusda istiqomat qilgan Yobus xalqini haydab chiqarmadi. Shu sababdan Yobus xalqi bugunga qadar Quddusda, Benyamin avlodlari orasida yashab kelmoqda. Yusufning ikki o‘g‘li — Efrayim va Manashedan bino bo‘lgan qabilalar ham Baytil shahriga hujum qilmoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqdilar. Egamiz ular bilan edi. Baytil haqida ko‘proq ma’lumot yig‘ish uchun ular o‘z ayg‘oqchilarini shahar tomon yubordilar. Baytil shahrining eski nomi Luz edi. Ayg‘oqchilar shahardan chiqib kelayotgan bir odamni ko‘rib, unga: “Bizga shaharga olib kiradigan yashirin kirish joyini ko‘rsat! Buning evaziga joningni saqlab qolamiz!” — dedilar. O‘sha odam ularga yo‘l ko‘rsatdi. Efrayim va Manashe lashkarlari shahar aholisini bitta qo‘ymay qilichdan o‘tkazishdi. Yo‘l ko‘rsatgan odamni esa butun oilasi bilan birga qo‘yib yuborishdi. O‘sha odam Xet xalqining yurtiga borib bir shahar qurdi, uning nomini esa Luz, deb qo‘ydi. O‘sha shahar bugunga qadar shu nom bilan ataladi. Manashe qabilasi Bayt–Shan, Tanax, Do‘r, Yiblayom, Maxido‘ shaharlari va ularning qishloqlarida yashagan Kan’on xalqini haydab chiqarmadi, ular o‘sha yerlarda yashayverdilar. Vaqti kelib, Isroil xalqi kuchini yig‘ib oldi, shunda Kan’on xalqini o‘ziga bo‘ysundirib, qarol bo‘lib xizmat qilishga majbur qildi. Ammo shunda ham o‘z yeridan haydab chiqarmadi. Efrayim qabilasi ham Gezer shahridagi Kan’on xalqini quvib chiqarmadi. Kan’on xalqi Gezerda ularning orasida yashayverdi. Zabulun qabilasi ham Xitro‘n va Nahalil shaharlarida istiqomat qilgan Kan’on xalqini haydab chiqarmadi. Kan’on xalqi Zabulun qabilasi bilan birga yashab, ularga qarol bo‘lib xizmat qilishga majbur bo‘ldi. Osher qabilasi ham Akko‘, Sidon, Axlob, Axsib, Xelba, Ofiq va Rexob shaharlarida yashaydigan Kan’on xalqini yeridan haydab chiqarmadi. Ular o‘sha yurt aholisini haydab chiqarmaganlari uchun Kan’on xalqi bilan birga yashadilar. Naftali qabilasi ham Bayt–Shamash va Bayt–Onot shaharlarining aholisini haydab chiqarmay, yerli xalq — Kan’on xalqi orasida yashab qoldi. Lekin ular o‘sha shaharlar aholisini o‘ziga bo‘ysundirib, qarol bo‘lib xizmat qilishga majbur qildilar. Biroq Amor xalqlari Dan qabilasini siqib, qirlarga chiqib ketishga majbur qildilar, vodiyga tushishlariga yo‘l qo‘ymadilar. Amor xalqlari Xar–Xares, Oyjavlon va Shalbim shaharlarida yashayverdilar. Lekin Efrayim va Manashe qabilalari ularga o‘z hukmini o‘tkazib, qarol bo‘lib xizmat qilishga majbur qildilar. Amor xalqlari yashagan hududning chegarasi Chayonlar dovonidan Selagacha cho‘zilgan va u yerdan shimolga qarab ketgan edi. Egamizning farishtasi Gilgaldan Boximga kelib shunday dedi: — Men sizlarni Misrdan olib chiqdim. Ont ichib, ota–bobolaringizga beraman, degan yurtga sizlarni olib kirdim. Men: “Sizlar bilan tuzgan ahdimni hech qachon buzmayman”, degan edim. Sizlarga: “Bu yurt xalqlari bilan ahdlashmanglar, ularning qurbongohlarini vayron qilinglar”, deb aytmaganmidim?! Lekin sizlar amrimga itoat qilmay, teskarisini qildingizlar. Bunday qilganingiz uchun yurtingizda yashab yurgan bu xalqlarni Men endi haydab chiqarmayman. Ular sizlarga dushman bo‘lib, ularning xudolari sizlarga tuzoq bo‘ladilar. Egamizning farishtasi bu so‘zlarni aytgach, butun Isroil xalqi faryod ko‘tardi. Shunday qilib, ular o‘sha yerni Boxim, deb atab, Egamizga qurbonliklar keltirdilar. Yoshua Isroil xalqini tarqatib yuborgandan so‘ng, har bir odam o‘ziga tushgan yerni mulk qilib olish uchun yo‘lga tushgandi. Yoshua davrida odamlar Egamizga sajda qilishar edi. Ular Yoshuaning o‘limidan so‘ng, Egamiz Isroil uchun qilgan buyuk ishlarini ko‘rgan oqsoqollar davrida ham Egamizning amrlarini bajarishar edi. Egamizning quli Nun o‘g‘li Yoshua 110 yoshida olamdan o‘tdi. Uni Gash tog‘ining shimolida joylashgan Efrayim qirlaridagi Timnat–Seraxda, o‘zi ulush qilib olgan yerida dafn qilishdi. Butun keksa avlod ham olamdan o‘tdi. Isroil xalqining yosh avlodi esa Egamizni tan olmadi, Uning Isroil xalqi uchun qilgan buyuk ishlarini bilmadi. Isroil xalqi Egamizning oldida qabihliklar qildi, ular Baal degan xudoning tasvirlariga sig‘ina boshlashdi. Egamiz ularni Misrdan olib chiqqan bo‘lsa–da, ular ota–bobolarining Xudosidan yuz o‘girishdi. Boshqa xudolarga — yon–atrofda yashovchi xalqlarning xudolariga ergashishdi. Ularga sajda qilib, Egamizning qahrini keltirishdi. Isroil xalqi Egamizdan yuz o‘girib, Baalga va Ashtaretning tasvirlariga sajda qilayotgan edi. Bundan g‘azablangan Egamiz ularni bosqinchilar qo‘liga berib, talon–taroj qildirdi va yon–atrofdagi g‘animlarga taslim qildi. Bundan buyon Isroil xalqi dushmanlariga qarshilik ko‘rsata olmas edi. Isroil xalqi qayerda jang qilmasin, Egamiz ogohlantirganidek, ularning boshlariga falokat keltirish uchun har safar ularga qarshi O‘zi chiqar edi. Isroil xalqi og‘ir ahvolda qolgan edi. Egamiz ularni bosqinchilar qo‘lidan ozod qilish uchun hakamlarni yubordi. Lekin ular hatto hakamlariga quloq solmadilar. Egamizga bevafolik qilib, boshqa xudolarga sajda qilaverdilar. Ular Egamizning amrlariga itoat qilgan ota–bobolariga o‘xshamay, tez orada ajdodlari yurgan haq yo‘ldan ozdilar. Egamiz ularga hakam yuborar ekan, har bir hakam bilan O‘zi bo‘lar edi, o‘sha hakam davrida xalqini dushmanlardan xalos qilardi. Chunki zolim va zo‘ravonlarning dastidan noligan xalqqa Egamizning rahmi kelar edi. Ammo hakam olamdan ko‘z yumgach, ular yana eski qilmishlariga qaytishar edi. Ota–bobolaridan ham battar gunohlar qilib, boshqa xudolarga sajda qilishar, ularga sig‘inishar edi. Bu odatlarining birontasini ham qoldirmay, qilmishlarini o‘jarlik bilan davom ettirishar edi. Isroil xalqidan qattiq g‘azablangan Egamiz shunday dedi: “Bu odamlar gapimga kirmay, Men ota–bobolari bilan tuzgan ahdimni buzdilar! Shuning uchun Men ularning oralarida Yoshuaning o‘limidan keyin qolib ketgan begona xalqlarning birontasini ham ularning huzuridan haydab chiqarmayman.” Isroil xalqi ota–bobolari singari Egamizning yo‘lidan yurish–yurmasligini ko‘rish uchun, Egamiz bu xalqlarni Yoshuaga taslim qilmagan edi. Ularning hammasini birdaniga haydab chiqarmay, yurtda qolishlariga ijozat bergan edi. [1-2] Egamiz, Kan’on yurtida bo‘lib o‘tgan bironta urushda qatnashmagan Isroil xalqini sinay, hech qachon urush ko‘rmagan bu yangi avlodga jangni o‘rgatay, deb quyidagi xalqlarni qoldirgan edi: *** beshta Filist bekini, barcha Kan’on xalqlarini, Sidonliklar va Baal –Xermon tog‘idan to Levo–Xomatgacha Lubnon qirlarida yashagan Xiv xalqini. Ular yordamida Egamiz O‘z xalqi Isroilni sinab, Muso orqali ota–bobolariga bergan amrlarga itoat qilish–qilmasligini ko‘rmoqchi edi. Shunday qilib, Isroil xalqi Kan’on, Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlarining orasida yashadi. Ular o‘sha xalqlar bilan apoq–chapoq bo‘lib, qiz olib, qiz berishardi, hatto xudolariga ham sig‘inishardi. Isroil xalqi Egamizning oldida qabih ishlar qilar edi. Ular o‘z Egasi Xudoni eslaridan chiqarib, Baal va Asheraning tasvirlariga sig‘inishar edi. Bundan g‘azablangan Egamiz ularni Oram–Naxrayim shohi Kushonrishtamga tobe qilib qo‘ydi. Ular sakkiz yil davomida Kushonrishtamning xizmatida bo‘lishdi. Ammo Isroil xalqi Egamizga iltijo qilgach, Egamiz ularga qutqaruvchi qilib O‘tniyolni yubordi. O‘tniyol Xolibning jiyani, aniqrog‘i, kenja ukasi Xanazning o‘g‘li edi. Egamizning Ruhi O‘tniyolni qamrab oldi. O‘tniyol Isroil xalqiga hakam bo‘ldi. O‘tniyol Mesopotamiya shohi Kushonrishtamga qarshi jang qilib, uni yengdi, chunki Egamiz shohni uning qo‘liga bergan edi. Shundan keyin yurtda qirq yil tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi. So‘ng Xanaz o‘g‘li O‘tniyol olamdan o‘tdi. Isroil xalqi Egamizning oldida yana qabihliklar qilgani uchun, Egamiz Mo‘ab yurtining shohi Eglonni ularga qarshi qo‘zg‘atdi. Shoh Eglon Ommon va Omolek xalqlari bilan birgalikda Isroil xalqini yengib, palma shahri — Erixoni qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, Isroil xalqi o‘n sakkiz yil davomida Mo‘ab yurtining shohi Eglonga qaram bo‘lib yashadi. Ammo Isroil xalqi Egamizga iltijo qilishi bilanoq, Egamiz ularga Ehud ismli bir qutqaruvchini yubordi. Gera o‘g‘li Ehud Benyamin qabilasidan bo‘lib, chapaqay edi. Isroil xalqi Ehud orqali Mo‘ab shohi Eglonga o‘lpon jo‘natdi. Ehud o‘ziga uzunligi bir tirsak bo‘lgan xanjar yasab, uni o‘ng tomoniga, kiyimining ichidan taqib olgandi. U o‘lponni shoh Eglon huzuriga olib kirdi. Shoh Eglon haddan tashqari semiz bir odam edi. Ehud o‘lponni taqdim qilib bo‘lgach, hadyalarni ko‘tarib kelgan odamlar bilan birga uyga yo‘l oldi. Biroq ular Gilgaldagi tosh haykallar o‘rnatilgan joyga yetganlarida, Ehud iziga qaytdi. U Eglonning oldiga kelib: “Ey, hazrati oliylari, sizga aytadigan bir sirim bor”, — dedi. Shoh: “Bizni holi qo‘yinglar!” — deyishi bilanoq, uning huzuridagi xizmatkorlar chiqib ketishdi. Shoh salqin boloxonasida yolg‘iz o‘zi qoldi. Ehud unga yaqinlashib: “Men sizga Xudoning xabarini yetkazmog‘im lozim”, — dedi. Eglon o‘rnidan turdi. Shunda Ehud o‘ng tarafida osilgan xanjarni chap qo‘li bilan sug‘urib olib, Eglonning qorniga sanchdi. Xanjar sopi bilan Eglonning qorniga kirib ketdi, teshigini esa yog‘ qopladi. Ehud xanjarni sug‘urib olmadi, xanjar tig‘i shohning qornini yorib butidan chiqdi. Ehud ayvonga chiqdi, boloxona eshiklarini yopib, qulfladi. U ketishi bilanoq, Eglonning xizmatkorlari kelishdi. Eshik qulf ekanligini ko‘rishgach: “Shohimiz salqingina xonada hojatini chiqarayotgan bo‘lsalar kerak”, degan xayolga borishdi. Ammo boloxonaning eshiklari hadeganda ochilavermagandan so‘ng, xizmatkorlar bezovtalanishdi. Ular tashqarida ancha kutib qolishganidan keyin, kalit olib, eshikni ochishdi. Qarashsa, shoh hazratlari jonsiz yotgan ekan. Ehud esa paytdan foydalanib, qochib qolgan edi. U tosh haykallar oldidan o‘tib, Saviro shahriga bordi. Efrayim qirlariga yetib kelganda burg‘u chalib, Isroil xalqini jangga da’vat qildi. Ehud hammani boshlab qirlardan pastga tushar ekan, Isroil xalqiga: “Orqamdan yuringlar! — dedi. — Dushmanimiz Mo‘ab xalqini Egamiz sizlarning qo‘lingizga berdi–ku!” Isroil xalqi Ehudga ergashdi. Ular Iordan daryosining kechuv joylarini qo‘lga olib, bironta odamni ham u yerdan o‘tkazishmadi. O‘sha kuni ular o‘n mingtacha baquvvat va jasur Mo‘ab sipohlarini o‘ldirishdi. Birontasi ham Isroil xalqining qo‘lidan qochib qutulmadi. O‘sha kuni Isroil xalqi Mo‘ab lashkarini mag‘lub qildi. Yurtda sakson yil tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi. Ehuddan keyin Onot o‘g‘li Shamgar hakam bo‘ldi. U ham Isroil xalqini qutqarib, govron bilan olti yuz nafar Filist sipohini o‘ldirgandi. Ehudning o‘limidan so‘ng Isroil xalqi yana Egamizning oldida qabih ishlar qildi. Egamiz esa ularni Xazor shahri taxtida o‘tirgan Kan’on shohi Yobinga qaram qilib qo‘ydi. Uning lashkarboshisi Xaroshet–Xagoyim shahrida yashagan Sisaro edi. Yobinning to‘qqiz yuzta temir jang aravasi bor edi. Uning yigirma yil davomida o‘tkazib kelgan zulmiga chiday olmagan Isroil xalqi najot so‘rab, Egamizga iltijo qildi. Ayni zamonda payg‘ambar ayol, Lappido‘tning xotini — Dobira Isroil xalqiga hakam bo‘lib xizmat qilayotgan edi. U Rama va Baytil shaharlari o‘rtasida, Efrayim qirlaridagi ma’lum bir palma daraxti tagida o‘tirar, Isroil xalqi esa janjalli masalalarni yechish uchun uning oldiga borar edi. Keyinchalik xalq o‘sha palma daraxtiga Dobira, deb nom qo‘ydi. Bir kuni Dobira Naftali yerlaridagi Kedesh shahriga bir odam jo‘natib, Baraqni chaqirtirib keldi. Baraq Abunavamning o‘g‘li edi. Dobira Baraqqa shunday dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz senga amr qilmoqda: “Bor, o‘zing bilan Naftali va Zabulun qabilalaridan o‘n ming nafar odamni Tovur tog‘iga olib chiq. Men Yobinning lashkarboshisi Sisaroni, jang aravalari va lashkari bilan Xishon soyligining yonida senga ro‘baro‘ qilaman. Bu jangda ularni sening qo‘lingga beraman.” — Agar sen men bilan borsang, boraman, bormasang, men ham bormayman, — dedi Dobiraga Baraq. Dobira shunday javob berdi: — Albatta sen bilan boraman, lekin bilginkim, bu g‘alaba senga sharaf keltirmaydi, zero, Egamiz Sisaroni ayol kishining qo‘liga beradi. Shunday qilib, Dobira Baraq bilan Kedeshga jo‘nadi. Baraq Naftali bilan Zabulun lashkarlarini Kedeshga to‘pladi. To‘planganlardan o‘n mingtasi Baraqqa ergashdi, Dobira ham ular bilan bordi. Shu orada Xayin xalqidan bo‘lgan Xaber ismli bir kishi o‘z urug‘–aymoqlaridan ajralib, boshqa joyga ko‘chib o‘tgan edi. U o‘z chodirini Kedeshning yaqinidagi, Zananimdagi eman daraxtining yoniga qurgan edi. O‘sha odam Musoning qaynag‘asi Xo‘vov urug‘idan edi. Sisaro Abunavam o‘g‘li Baraqning Tovur tog‘iga chiqqanini eshitgach, to‘qqiz yuz temir jang aravasi bilan barcha lashkarlarini Xaroshet–Xagoyimdan olib chiqib, Xishon soyligida to‘pladi. Shunda Dobira Baraqqa dedi: “Qani, bo‘l! Egamiz bugun Sisaroni senga taslim qiladi. Xudoning O‘zi seni jangga boshlab boradi.” Baraq o‘n mingta odamga bosh bo‘lib, Tovur tog‘idan tushdi. Baraq hujum qilgach, Sisaroni, uning jang aravalariyu lashkarlarini Egamiz sarosimaga soldi. Sisaro jang aravasidan tushdi–da, qochib qoldi. Baraq jang aravalarini va lashkarlarni Xaroshet–Xagoyimgacha ta’qib qildi. Sisaroning barcha lashkarlarini qilichdan o‘tkazdi, ulardan birortasi ham omon qolmadi. Sisaro qochib, Xaberning xotini Yovelning chodiriga bordi, chunki Xazor shohi Yobin Xaber urug‘i bilan sulh tuzgan edi. Xaber Xayin xalqidan edi. Yovel Sisaroni qarshi olib: — Keling, to‘ram, ichkariga kiring, qo‘rqmang, — dedi. Sisaro ichkariga kirdi, Yovel uni chodir pardasining orqasiga yashirib qo‘ydi. Keyin Sisaro unga: — Iltimos, ozgina suv ber, chanqab ketdim, — dedi. Yovel meshni ochib, unga sutdan ichirdi. So‘ng Sisaroni yana parda bilan to‘sib qo‘ydi. U esa Yovelga shunday dedi: — Chodirning kiraverishiga borib tur, agar birortasi kelib sendan: “Bu yerda biror odam bormi?” — deb so‘rasa, “Yo‘q”, — deb javob ber. Sisaro charchaganidan yotib uxlab qoldi. Xaberning xotini Yovel esa bir qo‘liga chodir qozig‘ini, boshqa qo‘liga bolg‘a olib sekingina uning oldiga bordi. Qoziqni Sisaroning chakkasiga qoqib, boshini yerga qadab qo‘ydi. Sisaro o‘ldi. Yovel Sisaroni quvib kelayotgan Baraqni qarshi olgani chiqib: “Keling, men sizga qidirayotgan odamingizni ko‘rsataman”, — dedi. Baraq chodirga kirdi. Qarasa, Sisaro o‘lib yotibdi, chakkasiga qoziq qoqilgan ekan. O‘sha kuni Xudo Kan’on xalqining shohi Yobinni Isroil xalqiga bo‘ysundirdi. Isroil xalqi kundan–kunga kuchayib, oxiri Kan’on shohi Yobinni butunlay yo‘q qildi. Abunavam o‘g‘li Baraq bilan Dobira o‘sha kuni shunday qo‘shiq kuylashdi: “ Isroil yo‘lboshchilari yo‘l boshlaganda, Xalq fidoyilik ko‘rsatganda, Egamizga hamdu sanolar ayting! Eshiting, sizlar, ey, shohlar! Quloq soling, ey, yo‘lboshchilar! Egamizga men qo‘shiq ayturman, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni kuylab soz chalurman. Sen, ey, Egam, Seirdan yo‘lga chiqqaningda, Edom bo‘ylab yurish qilganingda, Yer silkindi, osmon yomg‘irin quydi, Ha, bulutlar sharros yomg‘irin to‘kdi. Tog‘lar titradi Sinaydagi Egamiz oldida, Isroil xalqining Xudosi — Egamizning oldida. Onot o‘g‘li Shamgar davrida, Yovel zamonida yurmay qo‘ygandi karvon. Yo‘lovchilar so‘qmoqdan yurishga bo‘ldi majbur. Isroil qishloqlari huvullab qoldi butkul. Men, Dobira, kelgunimga qadar, Isroilning volidasi singari, Bo‘m–bo‘sh edi Isroil qishloqlari! Yangi xudolarni Isroil xalqi tanlaganda, Jang qizidi shahar darvozalarida. Na qalqoni, na nayzasi bor edi Isroilning qirq mingta sipohida. Qalbim moyil Isroil yo‘lboshchilariga, Xalqning orasidagi fidoyilarga. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Eshiting, ey, oq xachir minganlar, Qimmatbaho egarlarda o‘tirganlar! Ey, yo‘lda yayov yurganlar! Quduq oldida to‘plangan Qishloq cho‘ponlarining ovozlarin eshiting. Madh qilayotir ular Egamizning zafarlarini, Isroildagi qishloqlarning g‘alabalarini. Shahar darvozalariga hamla qildi Egamiz xalqi: “Olg‘a bos, Dobira, olg‘a bos ildam! Olg‘a bos, kuylagin jangovar qo‘shiq! Abunavam o‘g‘li Baraq! Qani, bo‘l sen ham! Asirlaringni o‘zing boshlagin!” Xalqning qolgani bo‘ysundirdi bahodirlarni, Egamiz xalqi mag‘lub qildi pahlavonlarni, Omoleklarni yenggan Efrayimdan chiqqandi. Benyamin ham senga ergashdi, Moxir naslidan kelishdi lashkarboshilar, Zabulun qavmidan — hokimlik tayog‘in tutganlar. Dobiraga qo‘shildi Issaxor yo‘lboshchilari, Baraqni qo‘lladi Issaxor o‘g‘lonlari. Vodiyga shoshildi ular Baraq ortidan. Ammo beqarorlik qildi Rubenning nasli. Nega sizlar qo‘ralarda qoldingiz, ey, Ruben? Cho‘ponlarning qurey–qureylarin eshitganimi?! Beqarorlik qildi–ku Rubenning nasli. Gilad Iordan ortida qoldi. Dan kemalari yonida qoldi. Osher dengiz sohilida o‘rnashib oldi, O‘z ko‘rfazlarida joylashib qoldi. O‘limdan qo‘rqmadi Zabulun lashkari, Jonin ayamadi Naftali ham jang maydonida. Tanaxda, Maxido‘ suvlari yonida Kan’on shohlari urush ochishdi. Biroq xazinani ular o‘lja qila olmadi. Jang qildi yulduzlar samoda turib, Sisaroga urush qildi o‘z yo‘llarida yurib. Supurib tashladi dushmanni Xishon daryosi, O‘sha ko‘hna daryo — Xishon daryosi. Ey, jonim! Kuch–la olg‘a bos! Arg‘umoqlar keldi dupur–dupur qilib, Sisaro otlarining tuyoqlari yerni tamg‘alab. “Miroz shahrini la’natla, — deydi Egamizning farishtasi, — Aholisini ham qattiq qarg‘agin, Ular kelmadi Egamizga madad bergani, Pahlavonlarga qarshi Egamizga madad bergani.” Xayin urug‘idan bo‘lgan Xaberning xotini — Yovel ayollar orasida baraka topsin! Chodirlarda yashaydigan ayollarning baxtlisi bo‘lsin. Sisaro suv so‘raganda Yovel keltirdi sut, Shohkosada qatiq olib keldi u. Chodir qozig‘ini qo‘liga oldi, O‘ng qo‘lida bolg‘ani tutdi. Zarba bilan Sisaroning boshini yordi, Chakkasiga bir urib, teshib yubordi. Sisaro sulayib yiqilib tushdi, Yovelning oyog‘i ostida churq etmay qoldi. Yovelning oyog‘i ostida sulayib qoldi, Yiqilgan joyida jon taslim qildi. Sisaroning onasi derazadan ko‘chaga qarar, Panjara ortidan u zorlanib aytar: “Aravalar qolib ketdi namuncha? Tuyoqlar ovozi eshitilmas hanuzgacha?” Javob berar uning dono ayollari, Javob berar takror–takror o‘ziga o‘zi: “Bo‘lishayotgandir ular o‘ljani, Har qaysi sipohga bir–ikki juvonni, Sisaroga rang–barang liboslarni. G‘oliblarga olib kelar ikki hissa qilib Nafis naqshli liboslarni.” Ey, Egamiz! Dushmanlaring barchasi Sisaroga o‘xshab qirilib ketsin! Do‘stlaring–chi, chiqayotgan quyoshday Charaqlab tursin!” Yurtda qirq yil tinchlik barqaror bo‘ldi. Isroil xalqi Egamizning oldida qabihliklar qildi. Egamiz ularni yetti yilga Midiyon xalqining qo‘liga berdi. Midiyonlarning zulmiga chiday olmagan Isroil xalqi tog‘larda, g‘orlarda va adirlardagi pana joylarda yashirinib yurdi. Har safar Isroil xalqi ekin ekkanda, Midiyonlar, Omolek xalqi va sharqdagi ko‘chmanchilar birgalikda ularning yerlariga bostirib kirishardi. Ular Isroil yerida qarorgoh qurib, to G‘azo shahri atroflarigacha bo‘lgan hamma hosillarini nobud qilishardi. Isroil xalqi uchun hech qanday ozuqa qoldirmay, qo‘y, eshak, mollarigacha tortib olishardi. Dushman galalari o‘zlari bilan chorvasini olib, hatto chodirlarini ham ko‘tarib kelishardi. Ular chigirtka kabi g‘ijillab yotar edi, odamlarning va tuyalarining sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Ular kelib, butun yurtni xarob qilishardi. Midiyonlarning dastidan jabr–jafo ko‘rgan Isroil xalqi Egamizdan najot so‘rab, faryod qildi. Isroil xalqi Egamizga faryod qilganda, Egamiz ularga bir payg‘ambar yuborib, quyidagilarni xabar qildi: — Isroil xalqining Xudosi — Egangiz shunday aytmoqda: “Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Men edim. Men sizlarni Misrliklarning qo‘lidan hamda bu yurtda sizlarga zulm o‘tkazgan barcha xalqlardan xalos qildim. Ularni o‘z yurtlaridan haydab, yerlarini sizlarga berdim. Sizlarga, Men Egangiz Xudoman, sizlar Amor xalqlarining yurtida yashab yursangiz ham, ularning xudolariga sajda qilmanglar, degan edim. Ammo sizlar gaplarimga quloq solmadingizlar.” Keyin Egamizning farishtasi O‘fra shahriga kelib, eman daraxtining tagida o‘tirdi. Bu daraxt Abuazar urug‘idan bo‘lgan Yo‘shga tegishli edi. O‘sha paytda uning o‘g‘li Gido‘n Midiyonlardan bekinib, sharob tayyorlanadigan chuqurda bug‘doy yanchiyotgan edi. Egamizning farishtasi unga zohir bo‘lib dedi: — Ey, dovyurak jangchi, Egamiz sen bilan birgadir. — Agar Egamiz biz bilan birga bo‘lsa, nima uchun bu kulfatlar boshimizga tushgan ekan?! — dedi Gido‘n. — Ota–bobolarimiz: “Egamiz bizni Misrdan olib chiqdi”, deya bizga aytib bergan edi, Egamizning ajoyib ishlari qayerda qoldi?! Egamiz bizni tark etib, Midiyonlarning qo‘liga berib qo‘ydi–ku. Shunda Egamiz unga qarab dedi: — Qani, bo‘l, bor qudratingni ishga solib, Isroil xalqini Midiyonlarning qo‘lidan xalos qil. Men O‘zim seni yuboryapman. — Ey, to‘ram, qanday qilib men Isroil xalqini xalos qila olaman? — dedi Gido‘n. — Mening urug‘im Manashe qabilasining eng zaifi bo‘lsa, o‘zim esa otam xonadonining kenjasi bo‘lsam. Egamiz unga dedi: — Men sen bilan bo‘laman, sen Midiyonlarning hammasini bir odamni yengganday osonlikcha yengasan. Shunda Gido‘n dedi: — Agar marhamatingga sazovor bo‘lgan bo‘lsam, sen chindan ham Egamiz Xudo ekanligingni isbotlab, biron bir alomat ko‘rsat. Nazr olib kelib, senga taqdim qilgunimga qadar bu yerdan ketma. — Mayli, qaytib kelguningga qadar shu yerda bo‘laman, — dedi U. Gido‘n uyiga borib, bitta uloqchani pishirdi, bir tog‘ora undan yupqalar tayyorladi. Uloqchaning go‘shtini savatga, sho‘rvasini esa tovoqqa solib, eman daraxtining tagida o‘tirgan Egamizning farishtasiga olib borib, taqdim qildi. Egamizning farishtasi unga dedi: — Go‘sht va yupqalarni olib, mana bu toshning ustiga qo‘ygin, sho‘rvani esa bularning ustidan quy. Gido‘n aytilganday qildi. Egamizning farishtasi qo‘lidagi tayoqning uchini go‘sht va yupqalarga tekkizishi bilanoq toshdan olov chiqib go‘sht va yupqalarni kuydirib yubordi. So‘ng Egamizning farishtasi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shunda Gido‘n o‘sha odam Egamizning farishtasi ekanligini fahmlab: — Voy, sho‘rim quridi! — dedi — Yo, Egam Rabbiy, men farishtangning yuzini ko‘rdim. Egamiz: — Tinchlan, — dedi. — Qo‘rqma, sen o‘lmaysan. Gido‘n Egamizga atab bir qurbongoh qurib, uning nomini: “Egamiz tinchlikdir”, deb atadi. Qurbongoh bugunga qadar Abuazar urug‘iga qarashli bo‘lgan O‘frada bor. Xuddi o‘sha kuni kechasi Egamiz Gido‘nga shunday dedi: “Otangning yetti yashar ikkinchi buqasini ol, otang Baalga atab qurdirgan qurbongohni vayron qil. Qurbongoh yonidagi Asheraga atalgan ustunni ham kesib tashla. Shu yerdagi qal’aning tepasiga chiqib, Egang Xudoga — Menga atab bir qurbongoh qur. Qurbongoh toshlari bir–birining ustiga tekis terilgan bo‘lsin. So‘ng o‘sha buqani olib, qurbongohda qurbonlik qilib kuydir. O‘tin o‘rniga kesib tashlangan ustunni ishlat.” Gido‘n o‘nta xizmatkorini olib, xuddi Egamiz aytganday qildi. Ammo uydagilaridan va shahardagi odamlardan qo‘rqqanidan buni kunduz kuni qilmay, kechasi qilgan edi. Shahar aholisi erta bilan saharda turganda Baal qurbongohi vayron bo‘lganini, yonidagi Asheraning ustuni kesib tashlanganini va yangi qurilgan qurbongohning ustida buqa qurbonlik qilinganini ko‘rishdi. Ular bir–birlaridan: “Buni kim qilgan ekan?” — deb so‘ray boshladilar. So‘rab–surishtirgandan keyin buni Yo‘sh o‘g‘li Gido‘n qilganini aniqlashdi. Shunda shahar aholisi Yo‘shga: — O‘g‘lingni bu yerga olib chiq! — dedilar. — Biz uni o‘ldiramiz! U Baal qurbongohini buzibdi, qurbongoh yonidagi Asheraning ustunini ham kesib tashlabdi. — Sizlar hali Baalning tarafini olyapsizlarmi?! — deya Yo‘sh g‘azablangan olomonga do‘q urdi. — Uni himoya qilyapsizlarmi? Kim uning tarafini olsa, tong otguncha o‘ldiriladi. Agar u xudo bo‘lsa, vayron bo‘lgan qurbongohi uchun o‘zi o‘ch olsin. Gido‘n Baal qurbongohini buzib tashlagani uchun, odamlar o‘sha kundan boshlab Gido‘nni Yerubbaal, deb atay boshladilar. Bu: “Baal o‘zi o‘ch olsin”, deganidir. Midiyonlar, Omolek xalqi va sharqdagi ko‘chmanchilar birgalikda Iordan daryosidan o‘tib, Yizril vodiysida qarorgoh qurdilar. Egamizning Ruhi Gido‘nni qamrab oldi. Gido‘n burg‘u chalib, Abuazar urug‘idan bo‘lganlarni o‘ziga ergashishga chaqirdi. U butun Manashe hududi bo‘ylab choparlar jo‘natib, u yerdagilarni ham o‘z atrofiga yig‘di. U Osher, Zabulun va Naftali qabilalariga ham o‘z choparlarini yuborgan edi. Ular ham kelib Gido‘nga qo‘shilishdi. Shunda Gido‘n Xudoga dedi: “Isroil xalqini men orqali ozod qilishingni aytgan eding, bunga amin bo‘lmoq uchun, mana men titilgan junni xirmonga qo‘yaman. Agar ertalab shudring faqatgina junning ustida bo‘lib, yer qup–quruq bo‘lsa, Sen Isroil xalqini men orqali ozod qilishingga ishonaman.” Xuddi shunday bo‘ldi. Ertasi kuni Gido‘n barvaqt turib, junni olib siqdi, jundan bir kosa suv chiqdi. Shunda Gido‘n Xudoga dedi: “Menga qahring kelmasin, Senga yana birgina gapim bor. Iltimos, jun bilan yana bir bor sinov o‘tkazay. Bu safar shunaqa qilginki, junning usti qup–quruq, yerning usti esa shudring bilan qoplangan bo‘lsin.” Shu kechada Xudo xuddi shunday qildi. Junning usti qup–quruq bo‘lib, yerning usti esa shudring bilan qoplangan edi. Yerubbaal, ya’ni Gido‘n, hamma lashkarlari bilan barvaqt turib, qarorgohini Xaro‘d bulog‘ining bo‘yida joylashtirdi. Midiyonlarning qarorgohi esa ulardan shimolda, Mo‘re tepaligining yonidagi vodiyda joylashgan edi. Egamiz Gido‘nga dedi: “Sening lashkaring juda ko‘p bo‘lgani uchun, Midiyonlarni qo‘llaringga berolmayman. Aks holda Isroil xalqi, Meni ulug‘lamay, g‘alabaga o‘z kuchimiz bilan erishdik, deb o‘ziga bino qo‘yadi. Dushmandan qo‘rqqanlarga ijozat ber, Gilad tog‘ini tark etib, uylariga qaytib ketsinlar.” Shunday qilib, odamlarning yigirma ikki mingtasi qaytib ketib, o‘n mingtasi qoldi. Keyin Egamiz Gido‘nga dedi: “Qolgan lashkar ham ko‘plik qiladi. Ularni suv bo‘yiga olib tush, u yerda senga ularni ajratib beraman. Men senga, bunisi sen bilan boradi, deganim sen bilan boradi, bunisi esa sen bilan bormaydi, deganim sen bilan bormaydi.” Gido‘n lashkarni suv bo‘yiga olib tushdi. Egamiz unga dedi: “Suvni itga o‘xshab, yalab ichganlarning hammasini bir tarafga, cho‘kkalab ichganlarni esa boshqa tarafga turg‘izib qo‘y.” Suvni hovuchlab yalaganlarning soni uch yuzta edi. Lashkarlarning qolganlari esa cho‘kkalab suvni ichgandi. Egamiz Gido‘nga dedi: “Suvni yalab ichgan uch yuzta odam bilan sizlarni ozod qilib, Midiyonlarni qo‘llaringga beraman. Qolganlarni qo‘yib yubor, uylariga qaytib ketaverishsin.” Gido‘n uch yuzta odamdan boshqa hammasini uylariga qaytarib yubordi. Ammo ketganlarning oziq–ovqatu burg‘ularini olib qoldi. Midiyonlarning qarorgohi pastda, vodiyda joylashgan edi. O‘sha kuni kechasi Egamiz Gido‘nga dedi: “Tur, qarorgohga hujum qil. Men uni sening qo‘lingga berdim. Agar qo‘rqayotgan bo‘lsang, Purax degan xizmatkoringni olib, qarorgohga tush. Midiyonlarning gapini eshitgach, yurak yutib qarorgohga hujum qilasan.” Gido‘n Purax ismli xizmatkorini olib pastga, yov qarorgohining etagiga tushdi. Midiyonlar, Omolek xalqi va sharqdagi ko‘chmanchilar vodiyda chigirtka kabi g‘ijillab yotardi. Ularning tuyalari esa dengiz qirg‘og‘idagi qum kabi son–sanoqsiz edi. Gido‘n yov qarorgohiga yetib borganda, bir odam o‘zining birodariga tushini aytib berayotganini eshitib qoldi. O‘sha odam shunday hikoya qilayotgan edi: — Men bir tush ko‘rdim. Tushimda arpadan pishirilgan qandaydir bir non Midiyon qarorgohiga yumalab kelib, chodirga urilibdi. Chodir esa ag‘darilib tushibdi. — Bu aniq Isroil xalqidan bo‘lgan Yo‘sh o‘g‘li Gido‘nning qilichidir! — dedi birodari. — Xudo Midiyonlarni barcha lashkar–pashkari bilan uning qo‘liga bergan ekan–da! Gido‘n tush ta’birini eshitgach, Xudoga sajda qildi. Orqaga — Isroil xalqining qarorgohiga qaytib: “Qani, ketdik! Egamiz Midiyon lashkarlarini qo‘limizga berdi”, — dedi. Keyin uch yuzta odamni uch qismga bo‘lib, har birining qo‘liga bittadan burg‘u va bo‘sh ko‘zadan berdi. Ko‘zalarning ichida esa bittadan mash’ala bor edi. Gido‘n lashkarlariga shunday dedi: — Yov qarorgohiga yaqinlashganimda meni yaxshilab kuzatib turinglar. Men nima qilsam, sizlar ham shuni qilinglar. Qarorgohni o‘rab olinglar. Men yonimdagilar bilan burg‘u chalganimda, sizlar ham burg‘u chalib, ovozingiz boricha: “Egamiz va Gido‘n uchun olg‘a!” deb baqiringlar. Yarim tunda, dushman qarorgohida soqchilar endi almashib bo‘lgan paytda, Gido‘n yonidagi yuzta odam bilan qarorgohga yaqinlashdi. Ular burg‘u chalib, qo‘llaridagi ko‘zalarni charsillatib sindirdilar. Lashkarlarning qolgan ikki qismi ham burg‘u chalib, ko‘zalarni sindirdi. Hammalari o‘ng qo‘llarida burg‘u, chap qo‘llarida mash’ala ushlagancha: “Egamiz va Gido‘n uchun olg‘a!” — deb qichqirdilar. Gido‘n odamlarining har biri qarorgoh atrofidagi o‘z joyida turardi. Qarorgohdagilar esa sarosima ichida, baqirib qochishardi. Gido‘nning uch yuzta odami burg‘u chalganda, dushman qarorgohidagi lashkarlar bir–birini o‘ldira boshladilar. Bu Egamizning qudrati edi. So‘ng Midiyon lashkarlari Zariro tomon yugurib, to Bayt–Shittaxgacha, Tabbot yaqinidagi Ovil–Maxla shahrining chegarasigacha qochishdi. Shunda Gido‘n Midiyonlarni ta’qib qilish uchun Naftali, Osher va Manashe qabilalarining odamlarini chaqirtirdi. U butun Efrayim qirlari bo‘ylab choparlar jo‘natib dedi: “Pastga tushib Midiyonlarga qarshi jang qilinglar. Iordan daryosining va Bayt–Borogacha bo‘lgan barcha suv oqimlarining kechuv joylarini qo‘lga olib, Midiyonlarning o‘tishiga yo‘l qo‘ymanglar.” Efrayim odamlarining hammasi to‘planib, Iordan daryosining va Bayt–Borogacha bo‘lgan barcha suv oqimlarining kechuv joylarini egallab oldilar. Ular Midiyonlarning ikkita lashkarboshisi Oriv va Zayovni Iordanning sharqiy qirg‘og‘igacha ta’qib qilib, qo‘lga olishdi. Orivni bir qoyaning oldida, Zayovni esa sharob tayyorlanadigan chuqurning oldida o‘ldirishdi. Keyinchalik bu joylar Oriv qoyasi va Zayov chuquri, deb ataladigan bo‘ldi. So‘ng Midiyonlarni ta’qib qilishda davom etib, Oriv va Zayovning boshlarini Gido‘nga olib borishdi. Efrayim qabilasi Gido‘nga: — Nega bunday qilding? Midiyonlarga qarshi jang qilgani chiqqaningda nega bizni chaqirmading? — deya u bilan qattiq janjallashdilar. Gido‘n esa ularga dedi: — Men qilgan ishim bilan sizlarga teng kelarmidim?! Efrayimdagi uzum qoldiqlari kichkinagina bir qavmimning jami hosilidan a’lo–ku! Sizlar Xudoning qudrati bilan Midiyon lashkarboshilari Oriv va Zayovni qo‘lga olgan bo‘lsangiz, o‘z ishlarim bilan sizlarga teng kelarmidim?! U bu gaplarni aytganidan keyin, ular jahldan tushdilar. Gido‘n uch yuzta odami bilan Iordan daryosiga kelib narigi qirg‘og‘iga o‘tib oldi. Ular holdan toygan bo‘lsalar–da, dushmanning ketidan quvib ketayotgan edilar. Gido‘n Suxo‘t shahri aholisiga murojaat qilib: — Ey, xaloyiq, marhamat qilib odamlarimga ozgina non beringlar, ular holdan toyganlar. Biz Midiyon shohlari Zevax va Zalmunoning ketidan quvib ketyapmiz, — dedi. Ammo Suxo‘t boshliqlari shunday javob berishdi: — Zevax va Zalmunoni qo‘lga olgan bo‘lsang ekan, lashkarlaringga non bersak. — Juda soz! — dedi Gido‘n. — Zevax va Zalmunoni Egamiz mening qo‘limga bergandan so‘ng, sizlarni cho‘ldagi yantoq va chaqir tikanaklar bilan savalab, teringizni shilib olaman. Gido‘n u yerdan Paniyol shahriga yo‘l oldi. U yerdagilarga ham xuddi shunday iltimos bilan murojaat qildi. Suxo‘t aholisi qanday javob bergan bo‘lsa, Paniyol aholisi ham xuddi shunday javob berdi. Gido‘n Paniyol aholisiga dedi: — G‘olib bo‘lib qaytib kelganimdan so‘ng bu minorani yer bilan yakson qilaman. O‘sha paytda Zevax va Zalmuno o‘z lashkarlari bilan Karxorda turgan edilar. Sharqdagi ko‘chmanchilarning 120.000 ta sipohi halok bo‘lib, 15.000 tachasi qolgandi. Gido‘n Navah va Yohboxoning sharq tomonidagi karvon yo‘li bo‘ylab borib, dushmanni g‘aflatda qoldirib hujum qildi. Zevax va Zalmuno qochishdi, Gido‘n esa ularning ketidan quvib ketdi. Ikki Midiyon shohini qo‘lga olib, butun dushman lashkarini sarosimaga soldi. Yo‘sh o‘g‘li Gido‘n jangdan qaytib, Xares dovoni tomon ketayotganda, Suxo‘tlik bir yigitchani ushlab olib, so‘roqqa tutdi. Yigitcha Suxo‘t shahrining yetmish yettita boshliq va oqsoqolini nomma–nom aytib berdi. So‘ng Gido‘n Suxo‘t aholisining oldiga borib dedi: — Eslaringdami meni masxara qilib, Zevax va Zalmunoni qo‘lga olganmidingki, biz holdan toygan lashkaringga non bersak, deb aytganlaring? Mana o‘sha Zevax va Zalmuno. Gido‘n yantoq va chaqir tikanaklarni olib, Suxo‘t boshliqlarining ta’zirini berdi. Paniyoldagi minorani ham vayron qilib, shaharning barcha erkaklarini qirib tashladi. So‘ng Zevax va Zalmunoga yuzlanib: — Sizlar Tovur shahrida o‘ldirgan odamlar qanday edi? — deb so‘radi. — Ular senga o‘xshagan, ko‘rinishlari shoh o‘g‘illariday savlatli edi, — deya javob berishdi ular. — Ular mening jigarlarim edi–ku! — deya xitob qildi Gido‘n. — Biz bir qorindan talashib tushgan edik. Xudo shohid! Ularni o‘ldirmaganlaringda, men ham jonlaringni saqlab qolgan bo‘lardim. So‘ng to‘ng‘ich o‘g‘li Eterga: — Bor, ularni o‘ldir! — dedi. Ammo bola qo‘rqqanidan qilichini ham chiqarmadi, chunki u hali yosh edi. Shunda Zevax va Zalmuno: — Erkak bo‘lsang, o‘zing kelib bizni o‘ldir, — dedilar. Gido‘n Zevax va Zalmunoni o‘ldirib, tuyalarining bo‘ynidagi shohona bezaklarini oldi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng Isroil xalqi Gido‘nning oldiga kelib: — Sen bizni Midiyonlarning qo‘lidan qutqarding, endi o‘zing, o‘g‘illaring va nabiralaring bizga hukmdor bo‘linglar, — deyishdi. — Men sizlarga hukmdor bo‘lmayman, — dedi Gido‘n, — o‘g‘lim ham hukmdoringiz bo‘lmaydi. Egamning O‘zi sizlarga hukmdorlik qilsin. Keyin davom etib: — Sizlardan bir narsa so‘ramoqchiman, — dedi. — O‘ljalaringdan bittadan tilla zirak bersangizlar. Midiyonlar ham Ismoil avlodi singari tilla ziraklar taqib yurishardi. — Jonimiz bilan, — deb javob berdi Isroil xalqi. So‘ng bir kiyim yoyib, har biri o‘lja qilib olgan tilla zirakdan o‘sha kiyim ustiga tashladi. Tilla ziraklarning o‘lchovi bir puddan ortiq oltin chiqdi. Midiyon shohlari kiygan safsar liboslaru taqqan yarim oy va shokilali bezaklar hamda tuyalarining bo‘ynidagi tilla zanjirlar hisobga kiritilmagandi. Gido‘n o‘sha oltindan bir haykal yasab, uni o‘z shahri O‘fraga o‘rnatib qo‘ydi. Butun Isroil xalqi Xudoga bevafolik qilib, o‘sha yerdagi haykalga sig‘ina boshladi. Bu haykal Gido‘n va uning oilasi uchun tuzoq bo‘lib qoldi. Shunday qilib, Midiyonlar mag‘lub bo‘ldilar. Ular Isroil xalqiga qarshi bosh ko‘tarishga qayta jur’at etmadilar. Gido‘n paytida yurtda qirq yil tinchlik barqaror bo‘ldi. Yo‘sh o‘g‘li Gido‘n uyiga qaytib ketdi. Uning yetmishta o‘g‘li bor edi, chunki xotinlari nihoyatda ko‘p edi. Shakam shahridagi cho‘risi ham Gido‘nga bir o‘g‘il tug‘ib berdi. Gido‘n unga Abumalek, deb ism qo‘ydi. Gido‘n ulug‘ yoshga kirib olamdan o‘tdi va O‘fra shahridagi otasi Yo‘shning xilxonasiga dafn etildi. Bu shahar Abuazar urug‘iga qarashli edi. Gido‘n olamdan ko‘z yumishi bilanoq, Isroil xalqi yana Xudoga bevafolik qilib, Baalning tasvirlariga sig‘ina boshladi, ular Baal –Beritni o‘zlariga xudo qildilar. Ularni atrofdagi dushmanlardan xalos qilgan Egasi Xudoni eslaridan chiqardilar. Yerubbaal, ya’ni Gido‘n, Isroil xalqi uchun qilgan shuncha yaxshiliklariga qaramay, Isroil xalqi uning xonadoniga sodiq qolmadi. Gido‘n o‘g‘li Abumalek Shakam shahriga — tog‘alarining oldiga borib, barcha urug‘–aymoqlariga shunday dedi: — Shakam beklarining huzuriga boringlar, ularga: “Ustingizdan Gido‘nning yetmishta o‘g‘li hukmronlik qilganidan ko‘ra, bittasi hukmronlik qilgani yaxshi emasmi”, deb aytinglar. Men sizlarning jigaringiz ekanimni ham eslaringdan chiqarmanglar. Tog‘alari Abumalekning manfaatini ko‘zlab, bu so‘zlarni Shakam beklariga yetkazdilar. Shakam beklari esa: “Har qalay Abumalek qarindoshimiz”, deya uning tarafdorlari bo‘ldilar. Shakam beklari unga Baal –Berit uyidagi yetmish bo‘lak kumushni berdilar. Abumalek esa bu kumushga yaramas odamlarni yolladi. U O‘fraga — otasining uyiga borib, yetmishta o‘gay aka–ukasini bir tosh ustida qatl qildi. Ammo Gido‘nning kenja o‘g‘li Yo‘tom bekinib, tirik qoldi. So‘ng Shakam beklari va Bayt–Milloda yashovchilar Shakamdagi muqaddas eman daraxtining oldiga borib, u yerda Abumalekni taxtga ko‘tarishdi. Yo‘tom buni eshitgach, Garizim tog‘ining tepasiga chiqib xitob qildi: “Ey, Shakam beklari, gapimni eshitinglar, shunda Xudo ham sizlarni eshitgay! Bir zamonda daraxtlar o‘zlariga shoh tanlamoqchi bo‘lishibdi. Ular zaytun daraxtiga: — Shohimiz bo‘l, — deyishibdi. Zaytun daraxti ularga shunday javob beribdi: — Xudolar va bandalar sharafiga ishlatiladigan moyimni bermay qo‘yib, daraxtlar uzra shoxlarimni silkitib turaymi?! Shunda daraxtlar anjirga: — Sen kelib, shohimiz bo‘laqol, — deb aytishibdi. Anjir daraxti ham shunday javob beribdi: — Iye, shirin va lazzatli mevalarimni tugmay, daraxtlar uzra shoxlarimni silkitib turaymi?! So‘ng daraxtlar tokka: — Bizga sen hukmronlik qilaqol, — deyishibdi. Tok ham javob berib shunday debdi: — Xudolar va bandalar dimog‘ini chog‘ qiladigan sharobimni bermay qo‘yib, daraxtlar uzra novdalarimni silkitib turaymi?! Oxiri daraxtlarning barchasi yantoqqa deyishibdi: — Sen kelib, bizga hukmronlik qilgin. Yantoq esa daraxtlarga: — Agar meni sidqidildan shohlikka ko‘tarayotgan bo‘lsangizlar, kelib soyamda panoh olinglar, aks holda tikanlarimdan chiqqan olov avj olib, hatto Lubnondagi sadrlarni ham kuydirib tashlaydi! — deb javob beribdi. Shu tariqa sizlar ham Abumalekni taxtga sidqidildan, vijdonan ko‘tardingizmi?! Gido‘n va uning xonadoniga nisbatan to‘g‘ri ish tutdingizmi?! Qilmishlaringiz otamning sizlar uchun qilgan ezgu ishlariga loyiq ekanmi?! Otam jonini ayamay sizlar uchun jang qilgan edi, sizlarni Midiyonlarning qo‘lidan qutqargan edi. Sizlar esa otamning xonadoniga qarshi chiqib, uning yetmish nafar o‘g‘lini bir toshning ustida qatl qildingizlar. Cho‘risidan tug‘ilgan Abumalekni esa qarindoshingiz bo‘lgani uchun Shakam beklarining ustidan shoh qilib tayinladingizlar. Agar bugun Gido‘n xonadoniga nisbatan vijdonan ish tutgan bo‘lsangiz, Abumalekdan mamnun bo‘lib shodlaning, u ham sizlardan mamnun bo‘lib shodlansin. Aks holda Abumalekdan olov chiqib, Shakam va Bayt–Millo beklarini yamlab yuborsin. Shakam va Bayt–Millo beklaridan ham olov chiqib, Abumalekni kuydirib yo‘q qilsin.” So‘ng Yo‘tom Abumalekdan qo‘rqqanidan Ber hududiga qochib qoldi. Abumalek uch yil Isroilda hukmronlik qildi. Egamiz esa Abumalek va Shakam beklari orasida nizo chiqarish uchun bir ruh yubordi. Shuning uchun Shakam beklari Abumalekka xoinlik qilishdi. Bu hodisa Gido‘nning yetmishta o‘g‘lini o‘ldirgan Abumalekdan va uning bu jinoyatini qo‘llab turgan Shakam beklaridan qasos olinishining daragi edi. Shunday qilib, Shakam beklari Abumalekka qarshi tog‘larning tepalarida, pistirmada odamlarini o‘tirg‘izib qo‘yishgandi. Ular o‘tgan–ketganlarni talab, bor–yo‘g‘ini tortib olishardi. Abumalek bundan xabar topdi. Gal ismli bir odam o‘z og‘a–inilari bilan Shakamga ko‘chib keldi. U Shakam beklarining ishonchini qozondi. Gal Evid degan odamning o‘g‘li edi. Shakamliklar dalaga chiqib, uzumzorlaridan uzum terishdi, uni ezib sharob tayyorlashdi, so‘ng ziyofat qilishdi. Ular xudosining uyida o‘tirib, ziyofat qilishar ekan, yeb–ichib Abumalekni mazax qilishdi: “Abumalek kim bo‘libdiki, biz, Shakamliklar, unga xizmat qilsak? — shang‘illab gapini boshladi Gal. — Padari buzrukvorimiz Xamo‘r bu shaharga asos solgan edi. Shunday ekan, Xamo‘r naslidan bo‘lgan bironta odam bizga hukmronlik qilishi kerak. Abumalek esa yetti yot begona bo‘lgan Gido‘nning o‘g‘li–ku! Nega biz uning va hokimi Zabulning oldida bosh egishimiz kerak ekan? Agar bu odamlar qo‘lim ostida bo‘lganda edi, Abumalekni o‘zim yo‘q qilardim! Unga, lashkaringni ko‘paytirib, jangga chiq, degan bo‘lardim.” Shahar hokimi Zabul Galning bu so‘zlarini eshitgach, g‘azabi alanga oldi. U bildirmay Abumalekning oldiga chopar jo‘natib dedi: “Qarang, Evid o‘g‘li Gal butun urug‘i bilan Shakamga kelib, shaharni sizga qarshi qo‘zg‘atmoqda. Shuning uchun yarim tunda lashkaringiz bilan yo‘lga tushib, dalalarda yashirining. Ertasiga saharda turib, shaharga qo‘qqisdan hujum qiling. Gal qo‘shinlari bilan sizlarga qarshi chiqqanda qo‘lingizdan kelganicha ular bilan olishing.” Shunday qilib, Abumalek lashkari bilan yarim tunda yo‘lga tushdi. Ular to‘rt qismga bo‘linib Shakam yaqinida pisib yotishdi. Gal chiqib shahar darvozasida turganda, Abumalek bir qism lashkari bilan qirlar orqasidan chiqib keldi. Gal ularni ko‘rgach, Zabulga dedi: — Qarang! Qirlardan odamlar tushib kelmoqda! — Qo‘ysang–chi, — dedi Zabul. — Qirlar soyalari ko‘zingga odamlar bo‘lib ko‘rinyapti. — Qarang, qirlardan odamlar pastga tushib kelishyapti, boshqa bir qismi esa folbinlar yig‘iladigan daraxt tomondan yaqinlashyapti, — dedi yana Gal. — Katta ketib: “Abumalek kim bo‘pti biz unga xizmat qilsak?” deb gapirgan sen emasmiding?! — dedi shunda Zabul, — sen mana shu lashkarni mazax qilgan eding–ku. Qani, bo‘l, endi chiqib ular bilan jang qil. Shakam beklari Gal boshchiligida chiqib, Abumalekka qarshi jang qilishdi. Abumalek Galni quvib ketdi, ammo Gal qochib qoldi. O‘sha kuni Shakam sipohlarining ko‘plari halok bo‘ldi, butun jang maydoni to shahar darvozasigacha jasadlarga to‘ldi. Abumalek Armaxda o‘rnashdi, Zabul esa Galni barcha qarindoshlari bilan Shakamdan quvib yubordi. Ular endi Shakamda yashay olmas edilar. Ertasi kuni Shakamliklar yumushlarini bajarmoq uchun dalalarga chiqmoqchi ekanligidan Abumalek xabardor bo‘ldi. U lashkarini uch qismga bo‘ldi. Lashkarlar dalalardagi qirlarda pisib yotishdi. So‘ng shahardan chiqib kelayotgan odamlarni ko‘rib, ularga hamla qilishdi. Lashkarning bir qismi Abumalek boshchiligida shahar darvozasini qo‘lga kiritdi. Ular shahar darvozasi oldidan siljimadilar. Lashkarning qolgan ikki qismi esa daladagi odamlarga hujum qilib, ularni qirib tashladi. O‘sha kuni Abumalek kun bo‘yi shaharga qarshi jang qildi. Oxiri shaharni qo‘lga oldi. U yerdagi hamma odamni qatl qildi. Shaharni esa vayron qilib, ustidan tuz sochib tashladi. Shakam qal’asining beklari buni eshitgach, o‘sha yerdagi Baal–Berit uyining qo‘rg‘oniga kirib bekinib oldilar. Beklarning hammasi qo‘rg‘onda ekanligidan xabardor bo‘lgan Abumalek lashkari bilan Zalmon tog‘ining tepasiga chiqdi. Qo‘lidagi bolta bilan bir bog‘lam o‘tin kesib orqasiga ortib oldi. So‘ng esa lashkariga: “Qani, sizlar ham xuddi shunday qilinglar”, deb buyurdi. Sipohlarning har biri bir bog‘lamdan o‘tin kesib oldi. Ular Abumalekka ergashib o‘tinlarni qo‘rg‘onning atrofiga terib chiqdilar, so‘ng qal’aga o‘t qo‘ydilar. Qal’adagi hamma odamlar halok bo‘ldi. U yerda mingtacha ayol va erkak kishi bor edi. Shundan so‘ng Abumalek Tavoz shahriga yo‘l oldi. Shaharni qamal qilib, qo‘lga kiritdi. Ammo shaharning ichida juda baland bir qo‘rg‘on bor edi. Shahardagi ayolu erkaklar, hamma shahar beklari o‘sha qo‘rg‘on ichiga qochib kirishdi. Ular eshiklarni tambalab, tomga chiqib olishdi. Abumalek qo‘rg‘ondagilarga qarshi jang qildi, unga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lib, yoniga bordi. Shu payt bir ayol tepadan tegirmon toshini uloqtirib, Abumalekning boshini yorib yubordi. Jon talvasasida Abumalek qurolbardorini yoniga chaqirib: — Bo‘l, qilichingni sug‘urib meni o‘ldir, — dedi, — yana odamlar: “Uni ayol kishi o‘ldirdi”, deb yurishmasin. Shunda yigit qilich suqib, Abumalekni o‘ldirdi. Odamlar Abumalekning o‘lganini ko‘rib uylariga tarqalib ketishdi. Otasiga xiyonat qilib, yetmishta aka–ukasini o‘ldirgan Abumalekni Xudo shu yo‘sinda jazolagan edi. Shuningdek, Shakamliklarning ham qilgan qabihliklari uchun ta’zirini bergan edi. Ular Gido‘n o‘g‘li Yo‘tomning qarg‘ishiga yo‘liqdilar. Abumalekning o‘limidan so‘ng Puvax o‘g‘li To‘lo Isroil xalqini dushmanlardan ozod qildi. U Issaxor qabilasidan bo‘lgan Do‘do‘ning nabirasi bo‘lib, Efrayim qirlaridagi Shomir shahrida istiqomat qilardi. U Isroil xalqiga yigirma uch yil davomida hakam bo‘lib xizmat qildi. So‘ngra olamdan ko‘z yumib, Shomirda dafn qilindi. Undan keyin Giladlik Yovir hakam bo‘ldi. U yigirma ikki yil davomida Isroilga rahnamolik qildi. Uning o‘ttizta o‘g‘li bor edi. Ular o‘ttizta eshakni minishar va Gilad o‘lkasidagi o‘ttizta shaharga egalik qilishardi. Bu shaharlar bugunga qadar Yovir qishloqlari, deb atalmoqda. Yovir olamdan o‘tib, Kamonda dafn qilindi. Isroil xalqi yana Egamizning oldida qabihliklar qilib, Baal va Ashtaretning tasvirlariga sig‘inish bilan bir qatorda, Oram, Sidon, Mo‘ab, Ommon va Filist xalqlarining xudolariga sajda qildi. Egamizdan yuz o‘girib, Unga sajda qilmay qo‘ydi. Bundan nihoyatda g‘azablangan Egamiz Isroil xalqini Filist va Ommon xalqlarining qo‘liga berdi. O‘sha yili ular Isroil xalqiga zulm qilib, rosa ezdilar. Iordanning sharqida, ya’ni Gilad hududida istiqomat qilgan Isroil xalqiga ular o‘n sakkiz yil davomida zulmini o‘tkazib keldilar. Ilgarilari bu yerlar Amor xalqiga tegishli edi. Shunisi yetmaganday, Ommon xalqi Yahudo, Benyamin va Efrayim qabilalariga ham hujum qilmoqchi bo‘lib, Iordan daryosining narigi qirg‘og‘iga o‘tib olgan edi. Bundan qattiq tashvishga tushgan Isroil xalqi: — Biz gunoh qildik! — deya Egamizga faryod qildi. — Biz o‘z Xudoyimizdan yuz o‘girib, Baalning tasvirlariga sig‘indik. Egamiz esa ularga shunday dedi: — Men sizlarni Misr, Amor, Ommon va Filist xalqlarining zulmidan qutqardim. Sidonliklar, Omolek va Moyun xalqlarining jabru zulmidan nolib, Menga yolvorganingizda, sizlarga najot berdim. Shunga qaramay, sizlar Mendan yuz o‘girib, boshqa xudolarga sig‘indingizlar. Bo‘ldi, yetar! Endi sizlarni qutqarmayman! Borib, o‘zlaringiz tanlab olgan xudolaringizga iltijo qilinglar. Qiynalganingizda ular sizlarga najot berishsin. — Biz gunoh qildik! Bizga xohlaganingni qil, ammo bugun bizni dushmanlarimizdan qutqargin, — deya o‘tindi Isroil xalqi. Shunday qilib, ular begona xudolarning tasvirlarini yo‘q qilib, Egamizga sajda qildilar. Isroil xalqining chekkan azob–uqubatlarini ko‘rgan Egamiz ularga nihoyatda achindi. Ommon xalqi odamlarini jangga safarbar qilib, qarorgohini Gilad hududida joylashtirdi. Isroil xalqi esa to‘planib, qarorgohini Mispaxda joylashtirdi. Isroil qabilalarining rahnamolari: “Ommon xalqiga kim birinchi bo‘lib hujum qilar ekan?” — deya bir–birlariga qarab olishdi. So‘ng: “Jangni boshqargan odam Giladga hokim bo‘ladi”, — degan qarorga kelishdi. Giladlik Yiftox dovyurak jangchi edi. Uning otasi Gilad, onasi esa fohisha bir ayol edi. Giladning o‘z xotinidan tug‘ilgan o‘g‘illari ham bor edi. Ular ulg‘aygach, Yiftoxga: “Otamizdan qolgan merosga sening hech qanday haqing yo‘q! Bor, yo‘qol! Sen boshqa ayolning bolasisan”, — deya haydagan edilar. Yiftox aka–ukalaridan qochib, Tov yurtiga borgan edi. O‘sha yerda o‘rnashib olganidan so‘ng, atrofiga yaramas odamlarni to‘plab, bosqinchilik qila boshlagan edi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Ommon xalqi Isroil xalqiga hujum qildi. Ommon xalqi Isroil xalqiga hujum qilganda, Gilad oqsoqollari Yiftoxni olib kelgani Tov yurtiga jo‘nadilar. Ular Yiftoxga: — Biz bilan yuraqol, — dedilar. — Ommon xalqi bilan jang qilganimizda bizga rahnamolik qilgin. — Sizlar meni mensimay otamning uyidan haydagan edingiz–ku! — deya zarda qildi ularga Yiftox, — Nima uchun endi boshingizga kulfat tushganda mening oldimga keldingizlar? — Bo‘lar ish bo‘ldi endi, — deyishdi Gilad oqsoqollari. — Biz sening oldingga bosh egib keldik, biz bilan borib Ommon xalqiga qarshi jang qil, Giladliklarga o‘zing bosh bo‘l. Yiftox Gilad oqsoqollariga shunday dedi: — Xo‘p mayli, sizlarga qo‘shilib, Ommon xalqiga qarshi jang qildim ham deylik. Bordi–yu, Egam dushmanlarni qo‘limga bersa, men sizlarga hukmronlik qilaman. Gilad oqsoqollari esa Yiftoxni ishontirib: — Xudo shohid, hammasi aytganingday bo‘ladi, — dedilar. Yiftox Gilad oqsoqollari bilan ketdi. Xalq uni hokim va lashkarboshi qilib tayinladi. Yiftox esa Mispaxda Egamizning huzurida qo‘ygan shartlarini qayd qildi. Yiftox Ommon shohiga choparlarni yuborib dedi: “Oramizda nima bo‘lib o‘tgan ediki, sen mening yurtimga jang qilib kelding?” Ommon shohi Yiftox choparlariga shunday javob berdi: “Isroil xalqi Misrdan chiqib kelganda, janubdagi Arnon soyligidan to shimoldagi Yavoq daryosigacha va g‘arbdagi Iordan daryosigacha bo‘lgan hamma yerlarimni tortib olgan edi. Borib Yiftoxga aytinglar, yerlarimni menga tinchgina qaytarib bersin.” Yiftox yana choparlarini Ommon shohiga yuborib dedi: “Isroil xalqi na Mo‘ab, na Ommon yerlarini tortib olgan. Ular Misrdan chiqqandan keyin, Qizil dengiz tomon sahrodan yurib Kadeshga kelgan edilar. Shunda Edom shohi huzuriga elchilar jo‘natib, Edom yurti orqali o‘tib ketishga ijozat so‘radilar. Ammo Edom shohi quloq solmadi. Ular Mo‘ab shohidan ham ijozat so‘radilar, biroq u ham rozi bo‘lmagandan keyin, Kadeshda qoldilar. Keyin ular sahroga yo‘l olib, Edom va Mo‘ab yurtlarini aylanib o‘tdilar. Mo‘ab hududining sharqiy chegarasi bo‘ylab yurib, qarorgohni Arnon soyligining narigi qirg‘og‘ida qurdilar. Arnon soyligi Mo‘abning chegarasi bo‘lgani uchun, ular daryodan o‘tmadilar, Mo‘ab yurtiga oyoqlarini ham bosmadilar. So‘ng elchilarini Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘n oldiga yuborib, hududingizdan yurtimizga o‘tib ketaylik, deb ijozat so‘radilar. Ammo shoh Sixo‘n rozi bo‘lmadi. U barcha odamlarini yig‘di–da, qarorgohini Yaxazda joylashtirib, Isroil xalqiga hujum qildi. Ammo Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Sixo‘nni barcha odamlari bilan Isroil xalqining qo‘liga berdi. Shuning uchun Isroil xalqi o‘sha yurtda istiqomat qilgan Amor xalqining barcha yerlarini qo‘lga kiritdi. Ular Arnondan Yavoqqacha, sahrodan Iordangacha bo‘lgan Amor xalqining barcha yerlariga ega bo‘ldilar. Isroil xalqining Xudosi — Egamizning O‘zi bu yerlarni Amor xalqidan tortib olib, xalqi Isroilga berdi. Shunday ekan, ularni qaytarib olishga sening hech qanday haqing yo‘q. Undan ko‘ra, xudoying Xamo‘sh bergan narsalarga egalik qil! Biz esa Egamiz Xudo bizga bergan hamma narsaga egalik qilamiz! Nima, sening Zippur o‘g‘li Boloqdan ortiq joying bormidi?! U Mo‘ab shohi bo‘la turib, Isroil xalqi bilan biron marta ham tortishgan emas. Biron marta ham bizga qarshi jang qilgan emas. Isroil xalqi uch yuz yildan beri Arnon soyligining bo‘yidagi shaharlarda, Xashbon, Aror va ularning atrofidagi qishloqlarda yashab kelmoqda. Nima uchun shu paytgacha o‘sha yerlarni qaytarib olmading?! Men senga hech qanday yomonlik qilmadim, sen esa menga qarshi jang qilmoqchi bo‘lib noto‘g‘ri ish qilyapsan. Xudo qozi, Uning o‘zi bugun kim haq, kim nohaq ekanini ko‘rsatsin.” Ammo Ommon shohi Yiftoxning so‘zlarini eshitishni ham xohlamadi. Egamizning Ruhi Yiftoxni qamrab oldi. Yiftox Gilad va Manashe yerlaridan o‘tib, Giladdagi Mispax shahriga yetib bordi. U yerdan yo‘lida davom etib, Ommon yurti tomon yurdi. So‘ng qasam ichib, Egamizga dedi: “Agar jangda Ommon xalqini yengishimga yordam bersang, uyimga eson–omon qaytib borganimdan so‘ng meni qarshilab chiqqan birinchi tirik jonni Senga qurbonlik qilib kuydiraman.” Yiftox lashkari bilan Ommon xalqining ustiga bostirib borib, jang qildi. Egamiz Ommon xalqini Yiftoxga taslim qildi. Yiftox Arordan Minnit atrofigacha bo‘lgan yigirmata shaharni va Ovil–Karomgacha bo‘lgan barcha qishloqlarni vayron qildi. Katta talafot ko‘rgan Ommon xalqi Isroil xalqiga bo‘ysundi. Yiftox Mispaxdagi o‘z uyiga qaytib kelganda, qizi childirma chalib o‘ynaganicha, uni qarshilab chiqdi. Bu qiz uning yolg‘iz farzandi edi. Yiftox uni ko‘rgach, qayg‘u–alamdan kiyimlarini yirtib: — Voy qizim! Nima qilib qo‘yding?! — dedi. — Yurak–bag‘rimni qon qilding–ku! Men Egamizga qasam ichgan edim, endi so‘zimni qaytib ololmayman! — Otajon, — dedi qizi, — Egamizga so‘z bergan bo‘lsangiz, zinhor so‘zingizdan qaytmang, chunki Egamiz sizga dushmaningiz — Ommon xalqi ustidan g‘alaba berdi. Mening esa birgina tilagim bor. Menga ikki oy muhlat bersangiz, men dugonalarim bilan toqqa chiqib, u yerda yoshligim xazon bo‘lganidan qayg‘uray. Chunki men endi hech qachon turmushga chiqmayman. Yiftox unga ijozat berib, ikki oyga toqqa jo‘natib yubordi. Qiz dugonalari bilan toqqa chiqib, qayg‘urib yig‘ladi. Ikki oy o‘tgach, otasining yoniga qaytib keldi. Yiftox Egamizga bergan va’dasiga vafo qoldi. Qiz bokira edi. Shundan keyin Isroilda bir odat paydo bo‘ldi: har yili Isroil qizlari tog‘larga chiqib, to‘rt kun davomida Giladlik Yiftoxning qizi uchun motam tutadigan bo‘lishdi. Efrayim qabilasi lashkarini to‘plab, Iordan daryosining narigi qirg‘og‘idagi Zofunga o‘tib Yiftoxga do‘q qildi: — Nega sen Ommon xalqiga qarshi jang qilganingda bizni ham chaqirmading? Shu qilganing uchun biz seni uyingga qo‘shib yondirib yuboramiz! — Men sizlarni yordamga chaqirgan edim–ku, — dedi Yiftox. — O‘shanda, bizga jabr–zulm o‘tkazgan Ommon xalqi bilan qattiq janjallashib qolganimda, o‘zingiz menga yordam bermadingiz–ku! Sizlar menga yordam bermasligingizni bila turib, jonimni xatar ostiga qo‘ydim–da, Ommon xalqining ustiga bostirib borib hujum qildim. Egamiz esa ularni mening qo‘limga berdi. Nima uchun endi sizlar kelib menga qarshi urush qilmoqchisizlar?! Efrayim qabilasidan bo‘lganlar Gilad avlodini haqoratlab: “Giladliklar kim bo‘libdi?! Ular bor–yo‘g‘i Efrayim qochoqlari–ku, ular hatto Efrayim va Manashe yerlarida yashab yurishibdi”, deb aytgan edilar. Shuning uchun Yiftox Gilad avlodidan bo‘lgan barcha erkaklarni yig‘ib, Efrayim qabilasi bilan jang qildi. Efrayim qabilasi bu jangda mag‘lub bo‘ldi. Efrayim qabilasining omon qolgan jangchilarini qo‘lga tushirish uchun, Yiftox Iordan daryosining kechuv joylariga soqchilarni qo‘ydi. Qachonki Efrayim qochoqlaridan biri kelib: “O‘tib ketay”, deb ruxsat so‘raganda, soqchilar: “Mabodo Efrayim qabilasidanmasmisan?” deya savol berishardi. Qochoq: “Yo‘q”, deb javob bergach, ular unga: “Unday bo‘lsa, Shibbolet, degin”, deyishar edi. O‘sha odam: “Sibbolet”, deb aytar edi, chunki Efrayim qabilasidagilar “Shibbolet” so‘zini to‘g‘ri talaffuz qila olmas edilar. “Sibbolet” degan odamni soqchilar Iordan kechuv joyining o‘zidayoq o‘ldirishardi. O‘sha kuni Efrayim qabilasidan qirq ikki ming nafar odam halok bo‘ldi. Giladlik Yiftox olti yil Isroil xalqiga hakam bo‘ldi. So‘ng olamdan ko‘z yumib, Gilad hududidagi shaharlarning birida dafn qilindi. Undan keyin Isroil xalqiga Baytlahmlik Ibsan hakam bo‘ldi. Uning o‘ttiz o‘g‘li bilan o‘ttiz qizi bor edi. U qizlarini urug‘idan tashqariga uzatib, o‘g‘illariga kelinlarni ham boshqa urug‘lardan olib bergandi. Ibsan yetti yil Isroil xalqiga hakam bo‘ldi. So‘ng olamdan o‘tib, Baytlahmda dafn qilindi. Undan keyin Zabulun qabilasidan bo‘lgan Elo‘n ismli bir kishi hakam bo‘ldi. U o‘n yil davomida Isroilga rahnamolik qildi. Elo‘n olamdan ko‘z yumdi va Zabulun hududidagi Oyjavlonda dafn qilindi. Undan keyin Piratonlik Xilliyolning o‘g‘li Abdo‘n hakam bo‘ldi. Uning qirqta o‘g‘li va o‘ttizta o‘g‘il nabirasi bor edi. Ular yetmishta eshakni minib yurishardi. Abdo‘n sakkiz yil Isroil xalqiga hakam bo‘ldi. So‘ng Abdo‘n ham olamdan o‘tdi va Efrayim qirlaridagi ona shahri Piratonda dafn etildi. Ilgarilari o‘sha joylar Omolek xalqiga tegishli bo‘lgan. Isroil xalqi yana Egamizning oldida qabih ishlar qilgani uchun, Egamiz ularni qirq yilga Filist xalqining qo‘liga berdi. O‘sha zamonda Zoroxlik bir odam bor edi. U Dan qabilasidan bo‘lib, uning ismi Monuvax edi. Uning xotini bepusht bo‘lib, farzandi yo‘q edi. Bir kuni Egamizning farishtasi ayolga zohir bo‘lib shunday dedi: “Sen shu paytgacha bola ko‘rishga ojiz eding, ammo ko‘p o‘tmay sen homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘asan. Sharob va o‘tkir ichimliklarni endi icha ko‘rma, harom narsani ham yema, chunki sen homilador bo‘lib, o‘g‘il ko‘rasan. Bola tug‘ilishi bilanoq Xudoga nazr qilingay, shuning uchun bolaning boshiga ustara tegmasin. Isroilni Filistlarning qo‘lidan ozod qilishni boshlaydigan o‘shadir.” Keyin ayol erining oldiga borib dedi: “Oldimga Xudoning bir odami keldi, uning ko‘rinishi xuddi Xudoning farishtasiga o‘xshagan juda qo‘rqinchli edi. Uning qayerdan kelganini so‘ramabman. O‘zi ham menga ismini aytmadi. Uning gapiga qaraganda, men homilador bo‘lib, o‘g‘il ko‘rar ekanman. Bola tug‘ilishi bilanoq bir umrga Xudoga nazr qilinar ekan, shuning uchun men sharobni ham, o‘tkir ichimlikni ham, harom narsani ham og‘zimga olishim mumkin emas ekan.” “Yo, Rabbiy, — deya Egamizga yolvordi Monuvax. — O‘sha odamingni yana oldimizga yuborishingni iltijo qilib so‘rayman. U kelib, bo‘lajak o‘g‘limizga nima qilishimiz kerakligini o‘rgatib ketsin.” Monuvaxning ibodati ijobat bo‘ldi. Ayol dalada o‘tirgan bir paytda Xudoning farishtasi yana ayolning oldiga keldi. Ammo o‘sha paytda Monuvax u yerda yo‘q edi. Ayol shoshib–pishib erining oldiga yugurdi–da: “Tunov kun oldimga kelgan odam yana menga zohir bo‘ldi!” — deb aytdi. Monuvax turib xotiniga ergashdi. O‘sha odamning oldiga kelib: — Bu ayolga gapirgan sizmidingiz? — deb so‘radi. — Ha, men edim, — deya javob berdi u. — Aytganlaringiz amalga oshganidan so‘ng, bola qay tarzda yashashi kerak? U nima ish qiladi? — deb so‘radi Monuvax. Egamizning farishtasi Monuvaxga shunday deb javob berdi: — Xotining aytganlarimning hammasini so‘zsiz bajarsin. Uzumdan tayyorlangan bironta narsani ham og‘ziga olmasin. Sharob va o‘tkir ichimliklarni ichmasin, hech qanday harom narsa yemasin. Aytganlarimning hammasiga rioya qilsin. Monuvax Egamizning farishtasiga: — Biroz kutib tursangiz, sizga bir uloqcha tayyorlab bersam, — dedi. — Kutganim bilan, baribir, taomingni yemayman, — dedi Egamizning farishtasi. — Lekin uloqchani kuydiriladigan qurbonlik qilmoqchi bo‘lsang, uni Egamizga baxshida et. Monuvax u Egamizning farishtasi ekanligini bilmagandi. Keyin Monuvax Egamizning farishtasiga: — Bizga ismingizni ayting. Toki aytganlaringiz ro‘yobga chiqqanda, sizni duo qilib yuraylik, — dedi. Egamizning farishtasi esa: — Nega ismimni so‘rayapsan? Aytganim bilan baribir unga aqling yetmaydi, — dedi. Monuvax Egamizga atab, uloqchani katta bir toshning ustida qurbonlik qilib kuydirdi, unga qo‘shib don nazri ham kuydirdi. Shu onda Monuvax va uning xotini oldida Egamiz ajoyib bir mo‘jiza yaratdi: qurbongoh alangasi osmonga chirmashayotgan edi. Egamizning farishtasi ham alangaga qo‘shilib yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Buni ko‘rgan Monuvax bilan xotini yerga muk tushishdi. Farishta ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi–yu, boshqa ularga ko‘rinmadi. Shundan keyin Monuvax o‘sha odam Egamizning farishtasi ekanligini angladi. Monuvax xotiniga: — Biz o‘lamiz, chunki biz Xudoni ko‘rdik! — dedi. — Agar Egamiz bizni o‘ldirmoqchi bo‘lganda, don nazri va qurbonligimizni qabul qilmagan bo‘lardi, — dedi xotini. — Bu mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib, bunday narsalarni aytib o‘tirmagan bo‘lardi. Ayol o‘g‘il ko‘rdi, uning ismini Shimsho‘n qo‘ydi. Bola katta bo‘ldi, Egamiz esa uni yorlaqadi. Shimsho‘n Zorox bilan Eshtoyo‘l shaharlari orasidagi Dan qabilasining qarorgohida bo‘lganda, Egamizning Ruhi uni boshqara boshladi. Bir kuni Shimsho‘n Timnax degan shaharga bordi. Timnaxda u bir Filist qizni ko‘rib qoldi. Uyiga qaytib kelgach ota–onasiga shunday dedi: — Men Timnaxda bir Filist qizni ko‘rdim. Uni menga olib beringlar. — O‘z xalqimiz orasida qiz qurib qolibdimi?! Endi borib sunnatsiz Filistlardan qiz olishimiz qolgandi, — deb javob berdi ular. Ammo Shimsho‘n otasiga: — Menga o‘sha qizni olib bering, men uni yoqtirib qoldim, — deb turib oldi. Bu Egamizning xohishi edi, ammo Shimsho‘nning ota–onasi bundan bexabar edilar. Egamiz Filistlarga qarshi jang qilish uchun bironta bahona qidirayotgan edi. O‘sha zamonda Filistlar Isroilda hukmronlik qilardilar. Shimsho‘n ota–onasi bilan Timnaxga yo‘l oldi. Ular Timnax uzumzorlariga yaqinlashganlarida, birdan Shimsho‘n oldidan bir sher chiqib qolib, o‘kirganicha unga tashlanmoqchi bo‘ldi. O‘sha zahoti Egamizning Ruhi Shimsho‘nni qamrab olib, kuchini oshirdi. Shimsho‘n sherni, xuddi uloqchani parchalaganday, qo‘llari bilan osongina ikkiga bo‘lib tashladi. Ammo bo‘lib o‘tgan voqea haqida ota–onasiga og‘iz ham ochmadi. So‘ng Shimsho‘n qizning oldiga borib, u bilan gaplashdi, qiz Shimsho‘nga nihoyatda xush keldi. Ko‘p o‘tmay Shimsho‘n qizga uylanmoqchi bo‘lib, Timnaxga qaytib bordi. Yo‘l–yo‘lakay sherning o‘ligini ko‘rib ketay, deb o‘sha tomon yo‘l soldi. Qarasa, sherning murdasida asalarining uyasi bilan asal bor ekan. U bir hovuch asal olib, yo‘l–yo‘lakay yeb ketdi. Ota–onasining oldiga kelganda, ularga ham yeb ko‘rgani berdi, lekin asalni sherning murdasidan olganini aytmadi. Shimsho‘nning otasi kelinini ko‘rmoqchi bo‘lib, qudasining uyiga kirdi. Shimsho‘n o‘sha yerda to‘y munosabati bilan katta bir ziyofat berdi. O‘sha vaqtdagi urf–odatlar bo‘yicha, kuyovlar katta ziyofatlar berishardi. Shimsho‘n ziyofat berish uchun Timnaxga borganda, Filistlar uning oldiga kuyov navkar qilib, o‘ttizta yigitni yubordilar. Shimsho‘n ularga: — Kelinglar, sizlarga bir topishmoq aytayin, — dedi. — Agar uni topib, ziyofatning yetti kuni ichida menga tushuntirib bersangizlar, har biringizga bittadan kimxob to‘n va bir sidradan kiyim–bosh beraman. Bordi–yu, topishmog‘imni topolmasangizlar, sizlar menga o‘ttizta kimxob to‘n bilan o‘ttiz sidra kiyim–bosh berasizlar. Shunda ular: — Qani, topishmog‘ingni ayt, uni eshitaylik–chi, — deyishdi. Shimsho‘n topishmog‘ini aytdi: “Xo‘randaning ichidan xo‘rak chiqdi, Kuchlining ichidan shirinlik chiqdi.” Oradan uch kun o‘tdi, ammo Filist yigitlari topishmoqni topolmadilar. Oxiri, yettinchi kuni Shimsho‘nning qaylig‘iga do‘q qilib: “Sizlar bizni shilmoqchi bo‘lib bu yerga taklif qilganmidingizlar?! — dedilar. — Bo‘l, eringni aldab–suldab topishmoqning ma’nosini bizga bilib ber, bo‘lmasa seni ham, otangning xonadonini ham yondirib yuboramiz.” Shunda kelinchak Shimsho‘nning oldiga borib rosa yig‘ladi. — Sen meni yomon ko‘rar ekansan! — deya xarxasha qildi u. — Meni zarracha bo‘lsa ham yaxshi ko‘rganingda edi, topishmoqning javobini allaqachon aytgan bo‘lar eding. — Menga qara, — dedi unga Shimsho‘n. — Buni ota–onamga ham aytmagan bo‘lsam, nega senga aytar ekanman?! Ziyofat yetti kun davom etgan bo‘lsa, o‘sha yetti kun davomida kelin unga xiralik qilib yig‘layverdi. Yettinchi kuni Shimsho‘nning yuragini shu qadar ezib yubordiki, u toqat qila olmay topishmoqning javobini aytib berdi. Qiz javobni darhol Filist yigitlariga yetkazdi. O‘sha kuni qosh qoraymasdan oldin yigitlar Shimsho‘nning oldiga kelib, topishmoqning javobini aytdilar: “Asaldan shirin nima bor?! Sherdan kuchli nima bor?!” Shimsho‘n: “Agar g‘unajinimni ishga solmaganlaringda, topishmog‘imni topolmas edilaring”, — dedi. So‘ng Egamizning Ruhi Shimsho‘nni qamrab olib, yanada kuchini oshirdi. Shimsho‘n Ashqalon shahriga ketdi. U yerda o‘ttiz nafar Ashqalonlik odamni o‘ldirib, kiyim–boshlarini yechib oldi. O‘sha kiyim–boshlarni topishmoqning javobini aytganlarga berdi–yu, jahl ustida otasining uyiga qaytib ketdi. Kelinning otasi esa qizini Shimsho‘nning kuyov jo‘rasiga uzatib yubordi. Oradan vaqt o‘tdi. Bug‘doy o‘rimi paytida, Shimsho‘n bir uloqcha olib, xotinining oldiga bordi. U qaynatasiga: — Men xotinimning oldiga kirmoqchiman, — dedi. Qaynatasi esa Shimsho‘nni ichkariga kirgizmadi. — Sen qizimni tashlab ketding, deb o‘ylagandim, — dedi u. — Shuning uchun uni kuyov jo‘rangga uzatib yubordim. Qara, kenja qizim undan ham chiroyliroq. Kel, uning o‘rniga singlisini olaqol. — Bu safar Filistlarga yomonlik qilsam, aybga buyurmaysiz, — deb chiqib ketdi Shimsho‘n. Shimsho‘n uch yuzta tulki ushlab keldi. Tulkilarni juft–juft qilib, dumlarini bir–biriga bog‘ladi–da, orasiga bittadan mash’ala qistirdi. So‘ng mash’alalarni yoqib, tulkilarni Filistlarning bug‘doyzorlariga qo‘yib yubordi. Bug‘doyzor va don g‘aramlarini alanga oldi–yu, Filistlarning uzumzorlari va zaytun bog‘larini yamladi. Filistlar: “Buni kim qildi?” — deb surishtira boshladilar. “Buni Timnaxlik bir odamning kuyovi, Shimsho‘n qildi, — dedi bir kishi. — U o‘sha Timnaxlikning qiziga uylangan ekan, qaynatasi esa qizini kuyovning jo‘rasiga uzatib yuboribdi.” Shunda Filistlar kelib o‘sha juvon bilan otasining xonadonini yoqib yuborishdi. Shimsho‘n bundan xabardor bo‘lgach, Filistlarning oldiga borib: “Ont ichib aytamanki, shu qilmishlaring uchun sizlardan o‘ch olmagunimcha qo‘ymayman!” — dedi. Shimsho‘n ularni shafqatsizlarcha qirib tashladi. Keyin esa u yerlarni tark etib, Etom qoyasidagi bir g‘orga borib yashadi. Ko‘p o‘tmay Filistlar Yahudoda qarorgoh qurib, Lexi shahrini bosib olishdi. Yahudo odamlari: “Nima uchun bizga hujum qildingizlar?” — deb so‘radilar. Ular esa: “Biz Shimsho‘nni qo‘lga olmoqchimiz. Bizga qilgan yomonligini qaytarib o‘z boshiga solmoqchimiz”, — deb javob berishdi. Yahudo qabilasidan uch mingta odam Etom qoyasiga borib Shimsho‘nga: — Filistlar bizga hukmronlik qilishlarini bilmaysanmi? — dedilar. — Sen boshimizga bitgan balo bo‘lding–ku! Shimsho‘n javob berib dedi: — Men qilmishlariga yarasha jazosini berdim, xolos. — Biz seni olib ketgani keldik, — dedi Yahudo odamlari. — Seni bog‘lab Filistlarga bermoqchimiz. — Xo‘p, mayli, — dedi Shimsho‘n. — Ammo sizlar meni o‘ldirmaslikka so‘z beringlar. — Biz seni o‘ldirmaymiz, — deb so‘z berdi ular. — Biz seni bog‘lab ularga topshirsak bo‘ldi. Yahudo odamlari Shimsho‘nni ikkita yangi arqon bilan bog‘lab, shaharga olib keldilar. Shimsho‘n Lexiga kelganda, Filistlar uni qiy–chuv bilan qarshilab olishdi. Shu zahoti Egamizning Ruhi Shimsho‘nni qamrab olib, yanada kuchini oshirdi. Shimsho‘n qo‘llaridagi arqonlarni kuygan zig‘ir tolalarini uzayotganday osonlikcha uzib tashladi. So‘ng atrofiga bir nazar solib, eshakning jag‘ suyagini ko‘rib qoldi. Jag‘ suyak oftobda qurib ketmagani uchun qattiq va og‘ir edi. Shimsho‘n suyakni olib, Filistlarni savalay boshladi. O‘sha kuni u ming nafar odamni o‘ldirdi. Shunda Shimsho‘n dedi: “Eshakning jag‘ suyagi bilan mingta odamni o‘ldirdim. Eshakning jag‘ suyagi bilan ularni uyum–uyum qildim.” U gapini tugatib bo‘lgach, suyakni uloqtirib yubordi–da, o‘sha joyni Ramat–Lexiy, deb atadi. Shimsho‘n rosa chanqab ketdi, so‘ng Egamizga iltijo qilib dedi: “Sen qulingga shunday buyuk bir g‘alabani berding. Hozir esa men tashnalikdan ado bo‘lib, sunnatsizlarning qo‘liga tushamanmi?!” Xudo Lexida yer ostidagi bo‘shliqni yorib, u yerdan suv chiqardi. Shimsho‘n suv ichib o‘ziga keldi. Shuning uchun buloq En–Xaqqor, deb ataldi, u bugunga qadar Lexidadir. Filistlar davrida Shimsho‘n Isroil xalqiga yigirma yil davomida hakam bo‘lib xizmat qildi. Bir kuni Shimsho‘n Filistlarning shahri G‘azoga bordi. U yerda bir fohisha ayolni ko‘rib uning oldiga kirdi. G‘azoliklar Shimsho‘n kelganini bilgach, o‘sha joyni o‘rab olishdi. Ularning ba’zilari shahar darvozasida yashirinib, kechasi bilan uni poylab turishdi. Ular tun bo‘yi pisib, “Qani, tong yorishgunicha kutib turaylik–chi, keyin uni o‘ldiramiz”, deb o‘ylayotgan edilar. Shimsho‘n esa fohishanikida faqatgina yarim kechagacha bo‘ldi. U tun yarmida turib, shahar darvozasining eshiklarini yondorlari bilan sug‘urib oldi–da, barcha tambalari bilan yelkasiga ortib, Xevron ro‘parasidagi tepalikning ustiga olib chiqdi. Ko‘p o‘tmay Shimsho‘n So‘rax vodiysida yashaydigan Dalila ismli bir juvonni yaxshi ko‘rib qoldi. Filist beklari juvonning oldiga kelib shunday dedilar: “Shimsho‘n bunday buyuk kuchni qayerdan olarkan? Uni bog‘lab bo‘ysundirish yo‘lini biz uchun bilib bersang, har birimiz senga 1100 bo‘lakdan kumush beramiz.” Bir kuni Dalila Shimsho‘nga yalinib: — Iltimos, buyuk kuchingiz sirini menga aytib bering, — dedi. — Qanday qilib sizni bog‘lab, bo‘ysundirib bo‘ladi? Shimsho‘n unga shunday javob berdi: — Agar meni yettita yangi, qurib ulgurmagan kamon ipi bilan bog‘lab tashlashsa, men el qatori kuchsiz bo‘lib qolaman. Shunda Filist beklari juvonga yettita yangi, hali qurib ulgurmagan kamon ipini keltirdilar. Dalila iplar bilan Shimsho‘nni bog‘lab qo‘ydi. Shu payt ichkari xonada bir nechta odam poylab turar edi. Juvon Shimsho‘nga qarab: — Shimsho‘n! Filistlar kelyapti! — deb baqirdi. Ammo olov ipak tolalarini qanday yo‘q qilsa, Shimsho‘n ham kamon iplarini xuddi shunday uzib tashladi. Shimsho‘nning siri sirligicha qoldi. — Siz meni aldab ahmoq qildingiz, — dedi unga Dalila. — Iltimos, sizni qanday qilib bog‘lash kerakligini menga ayta qoling. — Agar meni yangi, ishlatilmagan arqonlar bilan bog‘lashsa, men el qatori kuchsiz bo‘lib qolaman, — dedi Shimsho‘n. Shunda Dalila yangi arqonlarni oldi–da, uni bog‘lab: — Shimsho‘n! Filistlar kelyapti! — deb baqirdi, odamlar esa ichkari xonada poylab turishar edi. Ammo Shimsho‘n qo‘llaridagi arqonlarni ipni uzganday uzib tashladi. — Shu paytgacha meni aldab, ahmoq qilib keldingiz! — dedi Dalila. — Menga ayting–chi, sizni qanday qilib bog‘lab tashlasa bo‘ladi? — Agar sochimning yettita tutamini dastgohdagi matoga qo‘shib to‘qib, moki yordamida yaxshilab mahkamlab qo‘ysang, men el qatori kuchsiz bo‘lib qolaman, — dedi Shimsho‘n. Shimsho‘n uxlab yotganda, Dalila uning yetti tutam sochini dastgohdagi matoga qo‘shib to‘qidi–da, moki yordamida yaxshilab mahkamlab qo‘ydi. Keyin esa: — Shimsho‘n! Filistlar kelyapti! — deb baqirdi. Shimsho‘n uxlab yotgan joyida sakrab turdi–da, mokini uloqtirib, matoni dastgohi bilan sochidan yulqib tashladi. Dalila unga dedi: — Dilingiz mendan yiroq ekan, qanday qilib menga: “Seni sevaman”, deysiz?! Siz meni uch marta aldadingiz, kuchingiz sirini menga aytmadingiz. Dalila har kuni yalinaverib, Shimsho‘nning quloq–miyasini yedi. Bundan bezor bo‘lgan Shimsho‘n butun sirini aytib berdi: — Biron marta ham ustara boshimga tegmagan. Chunki onamning qornidayoq Xudoga nazr qilinganman. Agar sochimni oldirsam kuchim yo‘q bo‘ladi va men el qatori kuchsiz bo‘lib qolaman. Dalila Shimsho‘n unga butun sirini oshkor qilganini fahmlagach, Filist beklariga xabar jo‘natib dedi: “Bu safar yana bir bor kelib ketinglar, chunki u menga butun sirini oshkor qildi.” Shunda Filistlar Dalilaga va’da qilgan pullarini olib, uning oldiga bordilar. Dalila Shimsho‘nni tizzasida uxlatib qo‘ydi–da, bir odamni chaqirib uning yetti tutam sochini qirqtirib tashladi. Shimsho‘n zaiflashib, kuchdan qoldi. Dalila esa: — Shimsho‘n! Filistlar kelyapti! — deb baqirdi. Shimsho‘n uyqudan turib, har safargidek o‘zimni xalos qilaman, deb o‘yladi. Ammo Egamiz uni tark etgan edi, Shimsho‘n esa bundan bexabar edi. Filistlar uni qo‘lga olib, ko‘zlarini o‘yib tashlashdi. So‘ng G‘azoga olib ketib, zanjirband qilishdi. Shimsho‘n zindondagi tegirmon toshini yurg‘izib, g‘alla yanchir edi. Shimsho‘nning sochlari yana o‘sa boshladi. Bayramga yig‘ilgan Filist beklari: “Xudoyimiz Do‘g‘on dushmanimiz Shimsho‘nning ustidan bizga g‘alaba berdi!” — deya shodu xurramlik bilan xudosiga ko‘p qurbonliklar keltirdilar. Xalq Shimsho‘nni ko‘rgach: “Yurtimizni xarob qilgan, talay sipohlarimizni o‘ldirgan dushmanni xudoyimiz qo‘limizga berdi”, — deya xudosiga hamdu sanolar ayta boshladi. Mast, vaqti chog‘ bo‘lgan odamlar: “Shimsho‘nni keltiringlar, biz uchun bir o‘ynab bersin!” — deb baqira boshladilar. Shimsho‘nni zindondan keltirishdi, odamlar uni tomosha qilsin, deb ustunlar o‘rtasiga turg‘izib qo‘yishdi. Shimsho‘n uni yetaklab kelgan yigitga dedi: “Binoni ko‘tarib turgan ustunlarni paypaslab ko‘ray. Ularga suyanib olmoqchiman.” Uy erkagu ayol bilan to‘lgan, hamma Filist beklari o‘sha yerda edi. Tomning ustidagi ochiq ayvonda uch mingga yaqin odam Shimsho‘nni tomosha qilayotgan edi. Shimsho‘n Egamizga iltijo qilib, dedi: “Yo, Egam Rabbiy, meni esla. Ey, Xudo, yana bir bor menga kuch ber, men Filistlardan ikki ko‘zim uchun yoppasiga o‘ch olay.” Shimsho‘n uyni ko‘tarib turgan o‘rtadagi ikki ustun orasida turgan edi. U o‘ng qo‘lini biriga, chap qo‘lini ikkinchisiga qo‘ydi–da, tirandi. Keyin qichqirib: “O‘lsam, Filistlar bilan o‘lay!” — dedi–yu, kuchi boricha ustunlarni itardi. Uy qulab, u yerdagi beklar bilan odamlarni bosib qoldi. Shunday qilib, o‘sha joyda o‘lgan odamlarning soni Shimsho‘n hayot davrida o‘ldirgan odamlarning sonidan ziyoda edi. Shimsho‘nning aka–ukalari bilan butun oilasi G‘azoga kelib, uning jasadini uyga olib ketishdi. Keyin otasi Monuvaxning Zorox bilan Eshtoyo‘l shaharlari o‘rtasidagi xilxonasiga dafn qilishdi. Shimsho‘n yigirma yil davomida Isroil xalqiga hakam bo‘lgan edi. Efrayim qirlarida Mixo degan bir odam yashardi. Bir kuni u onasiga shunday dedi: — Oyi, esingizdami 1100 bo‘lak kumushni o‘g‘irlatib qo‘ygan edingiz? O‘shanda o‘g‘rini oldimda qarg‘agansiz. Mana, o‘sha kumushingiz. Uni men olgandim. Shunda onasi: — Iloyim baraka topgin, o‘g‘lim! — dedi. Mixo 1100 bo‘lak kumushni onasiga qaytarib berdi. Onasi esa: — Men bu kumushni bosh–ko‘zingdan sadaqa qilib, Egamga bag‘ishlayman, — dedi, — undan quyma va o‘yma butlar yasattiraman. O‘sha kumush o‘zingga qaytib keladi, o‘g‘lim. Onasi Mixo qaytarib bergan kumush bo‘laklarning 200 tasini zargarga berdi. Zargar but yasab, uni kumush bilan qopladi. Tayyor bo‘lgan but Mixoning uyiga o‘rnatildi. Mixoning bir sajdagohi bor edi. U ruhoniylar kiyadigan maxsus libos tiktirib, yana bir nechta xonaki sanamlar yasattirdi, so‘ng o‘g‘illaridan birini o‘zining sajdagohiga ruhoniy qilib tayinladi. O‘sha davrda Isroilda shoh yo‘q edi. Har bir odam bilganini qilar edi. Yahudo hududidagi Baytlahm shahrida bir yosh levi yashardi. Bu odam o‘ziga boshqa joydan boshpana topmoqchi bo‘lib, Baytlahmni tark etdi. U yo‘l yurib, Efrayim qirlaridagi Mixoning uyiga kelib qoldi. — Qayerliksan, o‘g‘lim? — deb so‘radi undan Mixo. — Men Yahudodagi Baytlahmdan kelgan leviman, — deb javob berdi u. — O‘zimga boshpana qidirib yuribman. — Kel, menikida turaqol, — dedi Mixo. — Mening maslahatchim hamda ruhoniyim bo‘l. Men esa har yili senga o‘n bo‘lakdan kumush to‘lab, kiyim–kechaging bilan yeguligingni beraman. [11-12] Levi Mixonikida turishga rozi bo‘ldi. Mixo uni ruhoniy qilib tayinladi. Levi Mixonikida yashab yurdi va Mixoga xuddi o‘g‘liday bo‘lib qoldi. *** Shunda Mixo dedi: “Mana, endi Egam meni barakali qilishini bilaman, chunki levining o‘zi menga ruhoniy bo‘lib xizmat qilyapti.” Bu voqealar sodir bo‘lgan davrda Isroilda shoh yo‘q edi. Dan qabilasi Isroil qabilalari orasida o‘ziga ulush bo‘lib tushgan yerni hanuz qo‘lga kiritmagani sababli istiqomat qilish uchun joy qidirib yurgan edi. Bir kuni ular o‘z qabilasining jamiki urug‘lari orasidan beshta jangchini tanlab: “Boringlar, yurtni sinchiklab tekshirib chiqinglar”, — deya ularni Zorox va Eshtoyo‘l shaharlaridan jo‘natib yubordilar. Bu odamlar yo‘l yurib Efrayim qirlaridagi Mixoning uyiga kelib qolishdi va tunni o‘sha yerda o‘tkazishdi. Ular Mixoning uyida bo‘lganlarida yosh levini shevasidan tanib qolishdi–da, uning oldiga borib: — Bu yerga qanday qilib kelib qolding? Bu yerda nima qilib yuribsan? — deb so‘rashdi. U javob berib: “Mixo meni ishga oldi, ruhoniy qilib tayinladi”, — dedi. Mixo unga qilgan hamma yaxshiliklarini aytib berdi. Shunda ular leviga: — Xudoga iltijo qilib, ishimiz o‘ngidan kelish–kelmasligini bilib ber, — dedilar. — Hech narsadan xavotirlanmanglar. Egamizning o‘zi sizlarga bu ishda madadkordir, — dedi ruhoniy. Beshala odam yo‘lga ravona bo‘ldi. Ular Layish shahriga kelib, u yerda Sidon aholisi kabi muloyim, xotirjam va tinch–totuv yashayotgan odamlarni ko‘rishdi. Bundan tashqari, atrofdagi xalqlardan birontasi o‘sha xalqqa xavf solmagan, yurtiga tajovuz qilmagandi. Ular Sidondan ancha uzoqda bo‘lib, atrofdagi shaharlar bilan hech qanday aloqa o‘rnatmagan edilar. Beshala odam Zorox bilan Eshtoyo‘lga — o‘z urug‘–aymoqlarining oldiga qaytib borishdi. — Bizga qanday xabar olib keldingizlar? — deb so‘radi ulardan qarindosh–urug‘lari. Ular shunday javob berishdi: — Kelinglar, Layishga hujum qilaylik! Biz ko‘rgan yurt nihoyatda yaxshi ekan. Nimaga qaqqayib turibsizlar?! Bo‘linglar, o‘sha yerga borib yurtni qo‘lga kiritaylik. U yerga borganlaringda, xotirjam yashayotgan odamlarga duch kelasizlar. Barcha narsaga mo‘l va keng bu yerni Xudo chindan ham qo‘lingizga beryapti. Dan qabilasining olti yuzta odami jang aslahalari bilan qurollanib, Zorox bilan Eshtoyo‘ldan safarga otlanishdi. Ular yo‘l yurib, o‘z qarorgohini Yahudodagi Xirat–Yorim shahrining g‘arb tomonida qurishdi. Shuning uchun o‘sha joy bugunga qadar Dan qarorgohi, deb ataladi. U yerdan ular Efrayim qirlari tomon yo‘l olib, Mixoning uyiga yaqinlashib qolishdi. Shunda yurtni, aniqrog‘i, Layish shahrining atroflarini ko‘rib chiqqan beshta odam birodarlariga deyishdi: “Bu xonadonlarning birida ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va but borligidan xabarlaring bormi? Nima qilishimiz kerakligini yaxshi o‘ylab ko‘ringlar.” Ular yosh levi turadigan Mixoning uyiga borib, levidan hol–ahvol so‘radilar. Olti yuzta qurollangan Dan qo‘shini darvozaning yonida turgan edi. Ayg‘oqchilik qilgan beshta odam to‘ppa–to‘g‘ri ichkariga bostirib kirib, ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va kumush bilan qoplangan butni olmoqchi bo‘ldilar. Levi esa qurollangan olti yuzta odam bilan darvoza yonida qolgan edi. Ayg‘oqchilar Mixoning uyiga kirib, ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va butni olganlarini ko‘rgan levi ularga: — Bu nima qilganlaring? — dedi. — Jim bo‘l! — deb do‘q qildi ular. — Ovozingni o‘chirib biz bilan yur. Bizga maslahatchi va ruhoniy bo‘l. O‘zing o‘ylab ko‘r, sen bittagina xonadonga ruhoniy bo‘lganing yaxshimi yoki Isroilning butun bir qabilasigami? Ruhoniyga bu taklif ma’qul keldi. U ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va kumush bilan qoplangan butni olib, Dan odamlari bilan ketdi. Dan odamlari bola–chaqalarini, chorvayu mol–mulkini oldinga o‘tkazib, safarlarini davom ettirishdi. Ular Mixoning uyidan ancha uzoqlashib qolganlarida, Mixo qo‘ni–qo‘shnilarini to‘pladi–da, Dan odamlarining ketidan quvib ketdi. So‘ng ovozi boricha baqirib, Dan odamlarini chaqirdi. Ular esa orqaga o‘girilib Mixoga: — Tinchlikmi?! Shuncha odamni yetaklab kelibsan?! — dedilar. — Sizlar men yasatgan xudolar bilan ruhoniyimni olib ketib, meni ship–shiydam qildingiz–ku. Yana: “Tinchlikmi?” deganingiz nimasi?! — deya javob berdi Mixo. — Ovozingni o‘chir, — dedi unga Dan odamlari. — Bo‘lmasa, qoni qaynagan birodarlarimiz jag‘ingni ezib, o‘zingni ham, uyingdagilarni ham yo‘q qilib yuborishadi. Dan odamlari yo‘ldan qolmadilar. Mixo esa ularga bas kelolmasligini ko‘rib, uyiga qaytib ketdi. Dan qabilasi Mixo yasattirgan narsalarni va uning xizmatida bo‘lgan ruhoniyni Layishga olib bordilar. Ular Layishda tinch va xotirjam yashayotgan odamlarni qilichdan o‘tkazib, shaharga o‘t qo‘ydilar. Layish aholisiga najot beradigan hech kim yo‘q edi, chunki Layish Sidondan juda uzoqda bo‘lib, yaqin atrofidagi shaharlar bilan esa hech qanday aloqa o‘rnatmagan edi. Layish Bayt–Rexob shahri bilan bir vodiyda joylashgan edi. Dan qabilasi shaharni tiklab, u yerda o‘rnashib oldi. Shaharni esa ota–bobosi Yoqub o‘g‘li Danning nomi bilan atadi. Dan shahrining eski nomi Layish edi. Dan qabilasi o‘zi uchun Mixodan tortib olgan, kumush bilan qoplangan butni o‘rnatdi. Gershom o‘g‘li Yo‘natan esa ularga ruhoniy bo‘ldi. Yo‘natan Musoning nabirasi edi. Isroil xalqi surgun bo‘lguniga qadar Yo‘natanning butun nasli ham Dan qabilasiga ruhoniylik qildi. O‘sha davrda Xudoning uyi Shilo‘ shahrida joylashgan edi, ammo Dan qabilasi u yerga bormay, Mixo yasatgan butga sajda qilib keldi. Isroilda shoh bo‘lmagan o‘sha davrlarda Efrayim qirlarining kimsasiz joyida Levi qabilasidan bir odam yashardi. U Yahudo hududidagi Baytlahm shahridan bir cho‘rini o‘ziga xotin qilib oldi. Ammo xotini unga bevafolik qilib, otasining uyiga — Yahudodagi Baytlahmga qaytib ketdi. Oradan to‘rt oy o‘tdi. Levi esa u bilan yarashmoqchi bo‘lib, orqasidan bordi. U o‘zi bilan xizmatkori va bir juft eshagini olgan edi. Ular xotinining qizlik uyiga yetganlarida, levining qaynatasi ularni xursand bo‘lib qarshilab oldi. U qo‘ymay, ularni uyida uch kun mehmon qildi. Ular yeb–ichib, u yerda tunadilar. To‘rtinchi kuni levi barvaqt turib yo‘lga shaylandi. Qaynatasi esa unga: “Yo‘lga chiqishdan oldin choy–poy ichib oling, o‘g‘lim, quvvat bo‘ladi, keyin ketarsizlar”, — dedi. Shunda ular o‘tirib, birga yeb–ichishdi. Keyin qizning otasi: “Bugun ham qolib dam olsangizlar bo‘lardi”, — dedi. Levi ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turganda ham uni yana qo‘yarda–qo‘ymay uyida olib qoldi. Beshinchi kuni levi ketmoqchi bo‘lib erta bilan saharda turganda, qizning otasi unga: “Choy–poy ichib oling, kechroq ketarsizlar”, — dedi. Ular o‘tirib yeb–ichishdi. Levi xotini va xizmatkori bilan ketmoqchi bo‘lib dasturxondan turganda, qaynatasi unga shunday dedi: “Qarang, o‘g‘lim, kech bo‘lib qoldi. Shu yerda tunab qolaqolinglar. Kun ham og‘ib qopti. Bu yerda qolib, damingizni olinglar. Ertaga esa saharda turib uylaringga ketarsizlar.” Levi ko‘nmay yo‘lga tushdi. Xotini va xurjun ortilgan bir juft eshagi bilan yo‘l yurib Yobus shahriga, ya’ni Quddusga yetib oldi. Ular Yobusga yaqinlashganlarida kech kirib qolgandi. Xizmatkor xo‘jayiniga dedi: “Keling, Yobus xalqining shahriga kirib, u yerda tunab qolaylik.” “Yo‘q, — dedi xo‘jayin. — Isroil xalqiga yot bo‘lgan begonalarning shahriga kirmaymiz, undan ko‘ra, yo‘limizni davom qilib, Givoga boramiz.” Levi gapida davom etib xizmatkoriga dedi: “Kel, ikkovidan biriga — Givoga yoki Ramaga yetib olishga harakat qilaylik.” Ular yo‘lda davom etib, kunbotar paytida Benyamin qabilasiga qarashli Givo shahriga yaqinlashib qolishdi. So‘ng Givoda tunab qolmoqchi bo‘lib, shahar tomon yo‘l olishdi–da, borib shaharning maydonida o‘tirishdi, ammo hech kim ularni tunash uchun uyiga taklif qilmadi. Oqshom kirganda, bir chol daladagi ishlarini tugatib qaytib kelayotgan edi. Givoda yashayotgan aholining aksariyat qismi Benyamin qabilasidan edi, ammo bu chol Givoga Efrayim qirlaridan kelib, endi shu yerlarda istiqomat qilayotgan edi. Chol shahar maydonida o‘tirgan musofirlarni ko‘rib: — Qayerdan kelib, qayerga ketyapsizlar? — deb so‘radi. Levi shunday javob berdi: — Biz Yahudodagi Baytlahmga borgan edik, endi esa uyimizga — Efrayim qirlaridagi olis qishlog‘imizga qaytib ketyapmiz. Yo‘lda Egamizning uyini ham ziyorat qilib ketmoqchimiz, ammo bu yerdagilarning birontasi ham tunab qolishimiz uchun bizni uyiga taklif qilmayapti. Bizga turar joydan bo‘lak hech narsa kerak emas. O‘zimiz uchun non va sharobimiz bor. Eshaklarimizga ham yem–xashak g‘amlab kelganmiz. — Uyimga marhamat qilinglar, — dedi chol. — Men hamma kamchiliklaringizning g‘amini yeyman. Faqat ko‘chada qolmasangizlar, bas! Chol ularni uyiga olib borib, eshaklariga yem berdi. So‘ng mezbonu mehmonlar oyoqlarini yuvib ovqatlanishdi. Ular dam olib o‘tirganlarida, birdaniga shaharning buzuq odamlari uyni o‘rab olishdi–da, eshikni tars–turs urib: — Sening uyingga kelgan odamni bu yoqqa chiqar, biz u bilan birga bo‘lishni istaymiz! — deya uy egasiga do‘q urishdi. Uyning egasi — chol ularning oldilariga chiqib: — Yo‘q ukalarim, bunday jirkanch ish qilmanglar! — deb o‘tindi. — Bunday sharmandalik qilmanglar, axir, u mening mehmonim–ku. Mana, mening bokira qizim va u kishining xotini bor. Men ularni sizlarning oldingizga olib chiqay, ularni nima qilsangiz qilinglar, ammo bu odam bilan bunday xunuk ish qilmanglar. Lekin odamlar cholning gaplariga quloq solishmadi. Shunda levi xotinini itarib, ularning oldilariga chiqarib yubordi. Ular ayol bilan yotib, ertalabgacha uni zo‘rlashdi. Tong yorishayotganda esa qo‘yib yuborishdi. Saharda ayol kelib, xo‘jayini tunab qolgan cholning eshigi oldida yiqildi va tong otguncha u yerda qoldi. Ertalab xo‘jayini yo‘lga chiqmoqchi bo‘lib, eshiklarni ochdi. Qarasa, eshik tagida xotini qo‘llarini ostonaga uzatib yotgan ekan. “Qani, turaqol, bo‘l, ketyapmiz”, — dedi u. Lekin javob bo‘lmadi. Keyin u xotinini eshagiga ortib, uyiga yo‘l oldi. U uyiga yetib kelgach, pichoq bilan xotinining jasadini o‘n ikki qismga bo‘ldi. Bo‘laklarni butun Isroil bo‘ylab Isroilning o‘n ikki qabilasiga yubordi. Buni ko‘rgan har bir odam shunday deb aytardi: “Isroil xalqi Misrdan chiqqanidan beri bunday vahshiy hodisa sodir bo‘lmagan. Endi o‘ylab ko‘raylik, mulohaza qilib hukm chiqaraylik!” Dan va Bersheva shaharlarining orasidagi keng hududda va Gilad o‘lkasida yashagan butun Isroil xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, Egamiz huzurida Mispaxda to‘plandi. Xudo ahlining yig‘inida jamiki Isroil qabilalarining yo‘lboshchilari va 400.000 qurollangan piyoda sipoh qatnashdi. Mispaxdagi yig‘in haqidagi xabar tez orada Benyamin qabilasiga ham yetib bordi. Isroil xalqi shunday dedi: — Bu jinoyat qanday qilib yuz berganini bizga aytib ber. O‘ldirilgan ayolning eri levi javob berdi: — Men xotinim bilan tunamoq uchun Benyamin qabilasiga qarashli Givo shahriga bordim. Kechasi Givoning ba’zi bir odamlari uyni o‘rab olishdi. Ular meni o‘ldirmoqchi bo‘lib, mening o‘rnimga xotinimni shu qadar zo‘rlashdiki, bechora jon berdi. Aql bovar qilmaydigan bu razolat Isroilda sodir bo‘ldi! Shuning uchun men xotinimning jasadini bo‘lak–bo‘lak qilib, bo‘laklarni Isroil bo‘ylab jo‘natdim. Endi esa birodarlarim, hammalaringiz shu haqda mulohaza qilib, biron–bir maslahat beringlar. Yig‘inda ishtirok etganlar turib bir ovozdan: — Birontamiz ham o‘z chodirimizga yoki uyimizga qaytib ketmaymiz, — dedi. — Biz bunday qilamiz: Givoga qarshi jang qilishdan oldin, shaharga kim hujum qilishi kerakligini Xudodan so‘rab, qur’a tashlaymiz. Isroil xalqining o‘ndan bir qismi jangchilarni oziq–ovqat bilan ta’minlab turadi. Qolganlar esa Benyamin yeridagi Givo aholisini Isroilda qilgan sharmandaligi uchun jazolaydi. Shunday qilib, butun Isroil xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, shaharga hujum qilish uchun to‘plandi. Isroil qabilalari Benyamin qabilasi bo‘ylab odamlarni yuborib dedilar: “Ey, xaloyiq, orangizdagi ayrim odamlar dahshatli bir jinoyatga qo‘l urdi. Givodagi buzuqlarni hoziroq bu yerga chiqaringlar, biz ularni o‘ldirib, Isroil xalqi orasidan yovuzlikni yo‘q qilamiz.” Ammo Benyamin qabilasi Isroil xalqining gaplariga quloq solmadi. Ular shaharlaridan chiqib, Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun Givoga bordilar. O‘sha kuni Givo shahridan bo‘lgan yetti yuzta saralangan jangchidan tashqari Benyamin qabilasining boshqa shaharlaridan kelgan qurollangan sipohlarning soni yigirma olti ming edi. Bularning orasida yetti yuz nafar chapaqay askar bor edi. Ularning hammasi mohir mergan edi. Ularga bir tola sochni nishon qilib qo‘ygan taqdirda ham palaxmondan tosh otib, mo‘ljalga bexato tekkizishardi. Isroil xalqi esa Benyamin qabilasidan ajralgan holda 400.000 qurollangan mohir jangchini to‘pladi. Isroil lashkarlari Baytil shahridagi sajdagohga chiqib: “Oramizdan kim birinchi bo‘lib Benyamin qabilasiga hujum qilishi kerak?” — deya Xudoga iltijo qilishdi. “ Yahudo qabilasi hujum qilsin”, — deb javob berdi Egamiz. Keyingi kuni ertalab Isroil lashkarlari borib, Givo shahrining yaqinida qarorgoh qurishdi. So‘ng Benyamin jangchilariga hujum qilish uchun Givo shahrining ro‘parasida saf tortishdi. Benyamin jangchilari Givodan chiqib, Isroil lashkarlari bilan jang qilishdi. O‘sha kuni yigirma ikki ming Isroil sipohi halok bo‘ldi. [22-23] Isroil lashkarlari Egamizning huzuriga borib, kechgacha faryod qilishdi. Ular Egamizdan: “Benyamin qarindoshimizga qarshi yana jang qilaylikmi?” — deb so‘rashdi. “Ularga hujum qilinglar”, — deb javob berdi Egamiz. Isroil lashkarlari ko‘tarinki ruhda ilgarigiday avvalgi joyda saf tortishdi. *** Ular ikkinchi kuni ham Benyamin jangchilariga qarshi jang qilishdi. O‘sha kuni Benyamin jangchilari Givodan chiqib, yana o‘n sakkiz ming mohir Isroil sipohini o‘ldirishdi. Shunda Isroil lashkarlari Baytilga qaytib, yig‘i–sig‘i qilishdi. Ular o‘sha kuni kechgacha Egamizning huzurida o‘tirib ro‘za tutishdi. Egamiz huzurida kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini keltirishdi. [27-28] Xudoning Ahd sandig‘i o‘sha yerda — Baytilda turgan edi, Elazar o‘g‘li Finxaz esa Ahd sandig‘i yonida o‘z xizmatini ado etardi. Finxaz Horunning nabirasi edi. Isroil lashkarlari Egamizdan: “Qarindoshimiz Benyamin qabilasiga qarshi jang qilaylikmi, yo‘qmi?” — deb so‘rashdi. “Jang qilinglar, — deb javob berdi ularga Egamiz. — Ertaga Men ularni sizlarning qo‘lingizga beraman.” *** Isroil lashkarlari Givoning tevarak–atrofidagi pistirmalarga odamlarni o‘tirg‘izib qo‘yishdi. Keyin esa uchinchi marta Benyamin jangchilariga qarshi jang qilish uchun Givo ro‘parasida oldingiday saf tortishdi. Benyamin jangchilari urushga chiqishdi. Isroil lashkarlari ilgarigidek chekina boshlashdi. Benyamin jangchilari Isroil lashkarlarini ta’qib qilib, shahardan uzoqlashib qolishdi. Ular Baytil va Givoga ketadigan katta yo‘llarda va ochiq maydonlarda o‘ttiztacha Isroil sipohini o‘ldirishdi. Benyamin jangchilari: “Bular oldingiday tumtaraqay bo‘lishyapti”, deb o‘ylashgan edi. Aslida esa Isroil lashkarlari ularni shahardan uzoqlashtirish niyatida shunday qilishayotgan edi. Isroil lashkarining asosiy qismi jang maydonini orqaga — Baal –Tamar shahri tomon tortdi. Shunda birdaniga G‘ibo tekisligidagi pistirmada yotgan sipohlar chiqishdi. Isroil lashkarining o‘n ming saralangan jangchisi Givoga hujum qildi va u yerda qattiq jang boshlandi. Benyamin jangchilari bunday falokat yuz berishini kutishmagan edi. Egamiz ularni Isroil lashkarlari oldida mag‘lub qildi. O‘sha kuni Isroil lashkarlari qurollangan 25.100 Benyamin jangchisini o‘ldirishdi. Shunda Benyamin jangchilari mag‘lubiyatga uchraganlarini tushunishdi. Isroil lashkarining asosiy qismi Benyamin jangchilari oldida chekingan edi. Shu orqali ular Givo atrofidagi pistirmalarda o‘tirgan Isroil sipohlariga shaharga hujum qilish uchun qulay vaziyat yaratib bergan edilar. Pistirmadagi sipohlar Givo tomon otildilar. Ular shahardagi bor odamni qirib tashladilar. Isroil lashkarining asosiy qismi bilan pistirmadagi sipohlar o‘zaro shunday kelishib olgandilar: shahardan quyuq tutun chiqishi bilanoq, Isroil lashkarining asosiy qismi orqaga qaytib jang qilishi kerak edi. Shu orada Benyamin jangchilari o‘ttiztacha Isroil sipohini o‘ldirgan edilar. Shu sababdan ular: “Isroil lashkari ilgarigiday chekinishi aniq”, deb o‘ylagan edilar. Biroq ortga qaraganlarida shahardan quyuq tutun bulut bo‘lib ko‘tarilganini va butun shahar yong‘in ostida qolganini ko‘rdilar. Shunda Isroil lashkarining asosiy qismi ortiga qaytdi. Benyamin jangchilari esa mag‘lubiyatga uchraganlarini anglab, sarosimaga tushdilar. Ular Isroil lashkaridan qochmoqchi bo‘lib, sahro tomon yugurdilar, ammo qirg‘indan qochib qutula olmadilar. Chunki shahardan chiqib kelayotgan sipohlar bilan Isroil lashkarining asosiy qismi ularni ikki tomondan siqib kelayotgan edi. Isroil lashkari Benyamin jangchilarini qurshovga olib, Givoning sharq tomonigacha to‘xtamay ta’qib qilib, o‘ldirdi. Benyamin qabilasining o‘n sakkiz ming bahodir jangchisi halok bo‘ldi. Boshqalari esa sahrodagi Rimmon qoyasiga qarab qochishdi. Isroil lashkarlari ulardan besh mingtasini katta yo‘llarda qirib tashladilar, qolganlarini esa Gido‘mgacha ta’qib qilib, yana ikki mingtasini o‘ldirdilar. O‘sha kuni Benyamin qabilasidan jami yigirma besh ming qurollangan dovyurak jangchi halok bo‘ldi. Ammo olti yuzta sipoh sahrodagi Rimmon qoyasiga qochishga muvaffaq bo‘ldi. Ular to‘rt oy mobaynida u yerda yashab yurdilar. Isroil lashkarlari Benyamin shaharlariga qaytib, u yerda qolgan–qutgan odamlarni, mollarni, barcha jonzotni qirib tashladilar, atrofdagi shaharlarga o‘t qo‘ydilar. Isroil xalqi Mispaxdagi yig‘inda: “Birontamiz ham Benyamin qabilasiga qiz uzatmaymiz”, — deb ont ichgan edi. Benyamin qabilasi bilan bo‘lgan urushdan keyin Isroil xalqi Baytilga borib, Egamiz huzurida kechgacha o‘tirdi. Ular faryod ko‘tarib: “Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, nega bunday ko‘rgilik boshimizga tushdi?! Nega Isroilning bir qabilasi yo‘q bo‘lib ketdi?!” — deya achchiq–achchiq yig‘ladilar. Ertasi kuni odamlar barvaqt turib, u yerda qurbongoh qurdilar. Ular kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini keltirdilar. Keyin bir–birlaridan: “Isroil qabilalaridan Egamiz huzurida o‘tkazilgan yig‘inga kelmaganlar bormi?” — deb so‘radilar. Chunki ular, Mispaxda — Egamiz huzurida o‘tkazilgan yig‘inda ishtirok etmagan har bir kishining jazosi o‘limdir, deb qat’iy bir qasam ichgan edilar. Isroil xalqi o‘z jigari bo‘lgan Benyamin qabilasiga achinib: “Evoh, bugun Isroilning bir qabilasi yo‘q bo‘ldi”, — deya ko‘p o‘kindi. “O‘sha qabiladan faqatgina bir nechta yigit omon qoldi, xolos. Endi ular uchun qayerdan qiz topamiz? Birontamiz ularga qiz uzatmaymiz, deb Egamizning nomi bilan qasam ichgan edik–ku!” Isroil xalqi: “Mispaxdagi yig‘inda qatnashmaganlar bormi?” — deya surishtira boshladi. Shunda Giladdagi Yobosh shahrining aholisi yig‘inda qatnashmaganligi ma’lum bo‘ldi. Chunki yo‘qlama qilinganda o‘sha shahardan hech kim yo‘q edi. Butun jamoa o‘n ikki ming jangchini tanlab, ularga: “Boringlar, Giladdagi Yobosh shahrining butun aholisini qirib tashlanglar, xotinu bola–chaqalarini ham ayamanglar!” — dedi. “Har bir erkak va er ko‘rgan har bir ayol o‘ldirilsin.” Jangchilar Yobosh aholisining orasidan to‘rt yuzta er ko‘rmagan, yosh bokira qizni topib, ularni Kan’on yeridagi Shilo‘ qarorgohiga olib keldilar. Keyin butun jamoa Rimmon qoyasidagi Benyamin odamlariga xabar yuborib, tinchlik e’lon qildi. Benyamin odamlari o‘z uylariga qaytib borishdi. Isroil xalqi Giladdagi Yobosh aholisining omon qolgan qizlarini ularga turmushga berdi. Ammo qizlarning soni Benyamin odamlariga qaraganda kamroq edi. Isroil xalqi Benyamin qabilasiga nihoyatda achinar edi, chunki Egamiz ularni deyarli yo‘q qilib yuborgan edi. Shunda jamoa oqsoqollari shunday dedilar: — Obbo, endi qolgan Benyamin o‘g‘illariga qayerdan qiz topib beramiz? Ularning qabilasidan bironta qiz ham tirik qolmadi–ku! Benyamin qabilasi Isroildan batamom yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun omon qolganlari nasl qoldirishlari kerak. Lekin shunisi ham borki, biz: “Benyamin qabilasiga qiz uzatgan la’nati bo‘lgay!” deb qasam ichib qo‘ydik, endi ularga qiz uzata olmaymiz. Shunda odamlardan bittasi: — Ha, aytgancha, Egamizga bag‘ishlab Shilo‘da har yili o‘tkaziladigan bayram haqida nima deysizlar? — dedi. — Lavo‘n va Baytil shaharlarining o‘rtasida joylashgan bu shahar, Baytildan Shakamga ketadigan yo‘lning shundoq yonginasida–ku. Oqsoqollar Benyamin qabilasidan bo‘lgan bo‘ydoq yigitlarga shunday uqdirdilar: — Boringlar, uzumzorlarda yashirinib, poylab turinglar. Shilo‘ qizlari o‘yinga chiqqanda, uzumzordan chiqib, har biringiz o‘zlaringiz uchun qiz olib qochinglar. Qizlarning otalari yoki aka–ukalari oldimizga shikoyat qilib keladigan bo‘lishsa, biz ularga shunday deymiz: “Qizlaringizni olib qolishimizga ijozat beringlar. Tushuninglar axir, biz Giladdagi Yoboshga hujum qilganimizda Benyamin yigitlari uchun yetarlicha qiz olib kela olmadik. Garchi Benyamin yigitlari qizlaringizni olib qochgan bo‘lsa–da, sizlar qasamni buzgan hisoblanmaysizlar.” Benyamin odamlari Shilo‘ga borib, uzumzorlarda yashirinib oldilar. Qizlar raqsga tushganlarida ular o‘zlari uchun bittadan qiz olib qochdilar. So‘ng olib qochgan qizlari bilan uylariga qaytib ketdilar, shaharlarini tiklab, o‘sha joyda yashadilar. Butun Isroil jamoasi ham uy–uylariga, qabilalari va oilalariga qaytib bordi. O‘sha davrlarda Isroilda shoh yo‘q edi. Har bir odam bilganini qilar edi. Isroilda hakamlar hukmronligi davrida bir muddat ocharchilik bo‘lgan edi. Bir odam xotini va ikki o‘g‘li bilan birga birmuncha vaqt yashash niyatida Mo‘ab yurtiga jo‘nadi. U Yahudoning Baytlahm shahridan edi. U odamning nomi Elimalek, xotinining oti Naima, o‘g‘illarining ismlari esa Maxlo‘n va Xilyon edi. Bu oila Yahudoning Baytlahm shahridan — Efratlik edi. Ular Mo‘ab yurtiga borib, o‘sha yerda yashab qoldi. Ular o‘sha yerda yashayotganlarida, Elimalekning ajali yetdi. Naima ikki o‘g‘li bilan qoldi. Uning o‘g‘illari Mo‘ablik qizlarga uylandilar. Qizlardan birining ismi O‘rpa, ikkinchisiniki Rut edi. Ular o‘sha yerda o‘n yilcha yashashgandan keyin Maxlo‘n va Xilyon ikkalasi ham vafot etishdi. Naima ham eridan, ham farzandlaridan ayrilib, yolg‘iz qoldi. [6-7] “ Egamiz o‘z xalqiga e’tibor berib, ularga non berdi”, degan xabarni eshitgach, Naima o‘z yurtiga qaytishga qaror qildi. Naima yashab kelgan Mo‘ab yurtini tashlab, kelinlari bilan birga yo‘lga tushdi va Yahudoga qarab yurishdi. *** Yo‘lda davom etisharkan, Naima ikkala keliniga dedi: — Boringlar, ikkovingiz ham onalaringizning uylariga qaytinglar. Menga va marhumlarga bo‘lgan izzat–hurmatingiz uchun Egam sizlarga ham marhamat qilsin. Ikkovlaringizga ham yaxshi joylardan ato qilsin, turmush qurib, o‘z erlaringiz bilan baxtli bo‘linglar! Shunday deb Naima kelinlarini o‘pdi, ikkalasi esa yig‘lab faryod ko‘tarishdi: — Yo‘q, biz siz bilan ketamiz, sizning xalqingiz orasida yashaymiz, — deyishdi. Naima esa yana kelinlariga: — Qaytinglar, jon qizlarim! — dedi. — Men bilan ketganingizdan nima foyda?! Qornimda yana o‘g‘illarim bormidiki sizlarga umr yo‘ldoshi bo‘lsa?! Bo‘ldi endi, qizlarim, qaytinglar! Men endi keksaydim, erga tegishga ojizman. Bordi–yu, men, hali umid qilsam bo‘ladi, deb shu kecha erim bilan qovushsamu o‘g‘illar tug‘sam, ular ulg‘ayguncha sizlar kutib turarmidingiz?! Orqaga cho‘zib, turmushga chiqmay yurarmidingizlar?! Yo‘q, qizlarim. Sizlarni o‘ylab juda qayg‘uryapman. Axir, Egam shuncha ko‘rgilikni boshimga soldi–ku. Ular yana yig‘lab, dod–voy ko‘tarishdi. Nihoyat, O‘rpa qaynanasi bilan o‘pishib xayrlashib, orqaga qaytib ketdi. Rut esa Naimaga yopishib oldi. Naima Rutga: — Mana, ovsining o‘z xalqi orasiga, o‘z xudolariga sig‘inadigan yurtga qaytib ketdi. Sen ham uning orqasidan borgin, — dedi. — Sizdan ajralishga, qaytib ketishga meni majbur qilmang, — dedi Rut. — Siz qayerga borsangiz, men ham o‘sha yerga boraman, siz qayerda bo‘lsangiz, men ham o‘sha yerda bo‘laman. Sizning xalqingizni o‘zimning xalqim, sizning Xudoyingizni o‘zimning Xudoyim deyman. Siz qayerda olamdan o‘tsangiz, men ham o‘sha yerda jon berib, dafn qilinaman. Egam meni ne ko‘yga solsa solsin, undan battarrog‘ini ham qilsin. Meni sizdan faqat o‘lim ajrata oladi. Naima amin bo‘ldiki, kelini u bilan ketishga qat’iy ahd qilibdi. Shundan so‘ng uni ko‘ndirishga qayta urinmadi. Ikkovlari yo‘l yurib Baytlahmga yetib kelishdi. Baytlahmga yetib kelganlarida, ularni ko‘rib butun shahar g‘imirlab qoldi. Ayollar bir–biriga: “Iyi, nahotki bu o‘sha Naima bo‘lsa?!” deb hayron qolishdi. Naima ularga dedi: — Endi meni Naima emas, Musibat denglar. Chunki Qodir Xudo boshimga cheksiz qayg‘u–kulfat soldi. Men bu yerdan to‘kis bo‘lib chiqib ketgan edim, Egam esa qup–quruq qaytardi. Endi nega meni Naima deysizlar?! Axir, Egam — Qodir Xudo meni azob–uqubatlarga giriftor qilib, baxtsiz qildi–ku! Shunday qilib, Naima Mo‘ablik kelini Rut bilan birga Mo‘ab yurtidan qaytib keldi. Ular Baytlahmga kelgan paytda arpa o‘rimi boshlangan edi. Naimaning Bo‘az degan qarindoshi bo‘lib, anchagina obro‘li, badavlat odam edi. U Naimaning marhum eri Elimalek urug‘idan edi. Bir kuni Mo‘ablik Rut Naimaga: — Men dalaga bormoqchi edim. Kim iltifot ko‘rsatsa, o‘sha daladan boshoq terib kelardim, — dedi. — Mayli, boraver, qizim, — dedi Naima. Rut ketdi. Dalaga yetib kelib, o‘roqchilarning orqasidan to‘kilgan boshoqlarni tera boshladi. Qarangki, bu dala Elimalekning qarindoshi Bo‘azniki ekan. Bir payt Baytlahmdan Bo‘az kelib qoldi. U o‘roqchilarga: — Hormanglar, Xudo sizlarga yor bo‘lsin! — dedi. Ular ham: — Bor bo‘ling, Xudo umringizga baraka bersin! — deb javob qaytarishdi. Bo‘az o‘roqchilar nazoratchisiga Rutni ko‘rsatib: — Bu juvon kim? — deb so‘radi. O‘roqchilar nazoratchisi: — Bu o‘sha Mo‘ablik musofir, — dedi, — Naima bilan birga Mo‘ab yurtidan kelgan. U: “Men o‘roqchilar orqasidan yurib, to‘kilgan boshoqlarni terib olsam”, deb so‘ragan edi. Tong saharda kelib shu choqqacha tinmay dalada ishladi. Hozirgina chaylada bir oz dam olgani o‘tirdi. Bo‘az Rutga: — Menga qara, qizim, — dedi, — boshoq terish uchun boshqa dalaga bormay qo‘ya qol. Shu yerda mening cho‘rilarim bilan birga yuraver. Sen faqat xizmatkorlarim bug‘doy o‘rayotgan dalada bo‘l, ularning orqasidan yuraver. Xizmatkorlarimga tayinlab qo‘yaman, senga indashmaydi. Chanqasang, anavi idishlarda suv bor. Quduqdan xizmatkorlarim tortib olgan, ichaver! Rut yer o‘pguday bo‘lib ta’zim qildi: — Nechun nazaringizga tushib, shunchalik mehringizga sazovor bo‘ldim? Men axir, kelgindi bo‘lsam, siz menga shu qadar e’tibor beryapsiz, — dedi u Bo‘azga. Bo‘az shunday javob berdi: — Ering o‘lgandan keyin qaynanangga qanday munosabatda bo‘lganingni menga aytib berishdi. Sen ota–onangni, yurtingni tashlab, ilgari o‘zingga begona bo‘lgan xalq orasida yashashga kelding. Yaxshiliklaring uchun Egamdan qaytsin. Sen panoh istab kelgan Isroil xalqining Xudosi — Egamdan senga to‘liq mukofot bo‘lsin. — Sizning mehringizga sazovor bo‘layin, to‘ram! — dedi Rut. — Siz menday cho‘ringizning dilidagi armonlarini gapirib, tasalli berdingiz. Lekin men sizning cho‘rilaringizdan birontasi emasman–ku. Tushlik payti bo‘lganda Bo‘az Rutga: — Bu yoqqa kel, nondan ol, musallasga botirib yegin, — dedi. Rut xizmatkorlar yonidan joy oldi. Bo‘az unga qovurilgan donlardan uzatdi. Rut to‘ydi va ozroq orttirib ham qoldirdi. So‘ngra Rut yana boshoq terib olay, deb o‘rnidan turib nariga ketdi. Bo‘az xizmatkorlariga shunday buyruq berdi: — U bog‘lamlar orasidan ham terib olaversin, zinhor xafa qila ko‘rmanglar. Hatto bog‘lamdan atayin tashlab qoldirib ketinglar. U terib olsin, uni koyimanglar. Shunday qilib, Rut qosh qorayguncha dalada boshoq terdi, terganlarini yanchidi. U yanchgan arpa bir tog‘oradan ko‘proq chiqdi. Donni ko‘tarib, shaharga jo‘nadi. U terib kelgan donni qaynanasiga ko‘rsatdi. Rut o‘zi to‘ygandan so‘ng orttirib qoldirgan qovurilgan donlarni qaynanasiga berdi. Qaynanasi Rutdan so‘radi: — Qayda ishlading? Kimning dalasidan boshoq terding bugun? Senga yordam ko‘rsatganni Xudo yorlaqasin! Rut kimnikida ishlaganini qaynanasiga aytdi: — Bugun men ishlagan dalaning egasi Bo‘az degan odam ekan, — dedi. Naima keliniga: — Uni Xudo yorlaqasin! — dedi hayajonlanib. — Tiriklarga, ham marhumlarga sodiq qolib, marhamatini darig‘ tutmabdi. So‘ng: — U kishi bizning yaqin qarindoshlarimizdan, oilamizni o‘z panohiga olishga burchli odamlardan, — deb qo‘shib qo‘ydi. Mo‘ablik Rut ham qo‘shimcha qildi: — U menga hatto, dalamda o‘rim–terim tugamaguncha, mening xizmatkorlarim bilan birga yuraver, deb aytdi. Naima keliniga: — Yaxshi, qizim, sen uning cho‘ri qizlari bilan yuraver. Begona dalaga borsang, senga ozor berishlari mumkin, — dedi. Shu tariqa Rut arpa va bug‘doy o‘rimi tugagunga qadar Bo‘azning cho‘ri qizlari yonida boshoq terib yurar, qaynanasi bilan birga yashardi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Rutga qaynanasi Naima shunday dedi: — Qizim, birortasi bilan ro‘zg‘or qilsang, o‘zingga yaxshi bo‘larmidi. Men senga qayliq topib berishim lozim. O‘sha Bo‘az bizning qarindoshimiz, sen uning cho‘rilari bilan birga bo‘lgan eding–ku. Bilasanmi, shu kuni kechqurun u xirmonda arpasini yanchiydi. Endi sen yuvinib–taranib, chiroyli kiyimlaringni kiy, keyin xirmonga bor. Lekin Bo‘az yeb–ichib bo‘lmaguncha, unga ko‘rinma. U uxlashga yotganda, yotgan joyini bilib olgin–da, so‘ng borib oyoq tomonini ochib, o‘sha yerda yot. Nima qilishni uning o‘zi aytadi. Rut qaynanasiga: — Hammasini aytganingizday qilaman, — dedi. Rut xirmonga jo‘nadi. Yetib kelib, qaynanasi aytganday qildi. Bo‘az yeb–ichdi, vaqti chog‘ bo‘ldi. So‘ng g‘aram yoniga borib yonboshladi–da, uxlab qoldi. Rut ohista kelib, uning oyoq tomonini ochib, yotdi. Yarim kechasi Bo‘az cho‘chib uyg‘onib ketdi. Qarasa, oyoq tomonida bir ayol yotibdi. — Kimsan? — deb so‘radi ayoldan. Rut unga: — Sizning cho‘ringiz Rutman. Cho‘ringizni panohingizga olsangiz, axir, siz bizning oilamizni panohingizga olishga burchli odamsiz, — dedi. Bo‘az Rutga dedi: — Seni Xudo yorlaqasin, qizim. Sening bu safargi oilangga qilgan sadoqating oldingisidan ham a’lodir. Sen kambag‘al yoki boyvachcha yigitlarning ortidan chopmading. Endi sen xavotirlanma, qizim. Aytganlaringning hammasini muhayyo qilaman. Butun shahar xalqi sening olijanob ayol ekanligingni biladi. To‘g‘ri, men sizlarning oilangizni panohimga olishga burchli odamman, lekin bu ishga mendan ham yaqinrog‘i bor. Shu kecha o‘tsin, yotaver. Agar ertaga u kishi senga nisbatan o‘z burchini o‘tamoqchi bo‘lsa, mayli, seni olaversin. Bordi–yu, o‘z burchini o‘tashni xohlamasa, men o‘z zimmamga olaman. Xudo haqi, men o‘z zimmamga olaman. Ertalabgacha uxlayver. Rut Bo‘azning oyoq tomonida sahargacha uxladi. Ko‘z ko‘rmaydigan, g‘ira–shira tong paytida Rut o‘rnidan turdi. Bo‘az “Xirmonga uning kelganini odamlar bilmay qo‘ya qolishsin”, deb, Rutga: — Sholro‘molingni ochib, ushlab tur, — dedi. Rut sholro‘molini ochib ushlab turdi. Bo‘az esa olti tog‘ora arpa o‘lchab, sholro‘molga soldi va orqasiga ko‘tartirib qo‘ydi. Keyin o‘zi shaharga jo‘nab ketdi. Rut esa qaynanasi oldiga qaytdi. Qaynanasi undan: — Nima bo‘ldi, qizim? — deb so‘radi. Bo‘az Rutga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, hammasini Rut qaynanasiga aytib berdi. — U, qaynanangning oldiga quruq qo‘l bilan borma, deb mana bu olti tog‘ora arpani ham berib yubordi, — dedi Rut. Qaynanasi Rutga dedi: — Qizim, bu ishlar nima bilan tugaydi, hali bilmaysan, — dedi. — Kutib turgin–chi, u bu ishni bugunoq oxiriga yetkazmay qo‘ymasa kerak. Bo‘az shahar darvozasiga chiqib, o‘tirdi. O‘sha payt Bo‘az aytgan yaqin qarindoshi yonginasidan o‘tib qoldi. Bo‘az uning ismini aytib chaqirib: — Bu yoqqa keling, o‘tiring, birodarim, — dedi. Qarindoshi yaqin kelib o‘tirdi. Bo‘az shahar oqsoqollaridan o‘n kishini guvohlikka chaqirib: — Shu yerda o‘tiringlar! — dedi. Ular kelib o‘tirishdi. Bo‘az qarindoshiga dedi: — Mo‘ab yurtidan qaytib kelgan Naima bor–ku, u Elimalek akamizning dalasini sotmoqchi. Men shu yerda o‘tirganlar va qavmim oqsoqollari huzurida o‘sha dalani sotib olasizmi, yo‘qmi, bilay dedim. Agar siz qarindoshlik burchingizni o‘tashni xohlasangiz, mayli, sotib olavering. Bordi–yu, xohlamasangiz, ayting, men bilayin. Chunki bu burchni o‘tash birinchi navbatda sizga tushadi. Sizdan keyin navbat meniki bo‘ladi. U kishi: — Qarindoshlik burchimni men o‘tayman, — dedi. Bo‘az dedi: — Xo‘p. Lekin siz Naimaning dalasini xarid qilganingizda, dala bilan birga marhumning bevasi Mo‘ablik Rutni ham olishingiz kerak. Chunki marhumning nomi o‘z mulkidan yo‘qolib ketmasligi shart. Shunda qarindoshi Bo‘azga: — Unday bo‘lsa, men uni ololmayman, aks holda o‘zimning mulkimni xavfga qo‘ygan bo‘laman. Zimmamdagi qarindoshlik burchimni siz o‘tayvering, mening ilojim yo‘q, — dedi. Ilgari Isroilda qarindoshlik burchini o‘tamoqchi yoki mol–mulkini almashtirmoqchi bo‘lsalar, dalil–isbot tariqasida bittasi chorig‘ini yechib, ikkinchisiga berardi. Mana shu odat Isroilda qonuniy guvohlik o‘rnini bosardi. Shunday qilib, qarindoshi Bo‘azga: — O‘zingiz sotib olavering, — dedi–da, chorig‘ini yechib berdi. Shundan keyin Bo‘az oqsoqollarga va o‘sha yerdagi boshqa odamlarga murojaat qildi: — Sizlar guvohsiz: men bugun Elimalekdan Xilyon va Maxlo‘nga qolgan hamma mulkni Naimadan sotib olyapman. Yana Maxlo‘nning xotini Mo‘ablik Rutni ham o‘z nikohimga olyapman, toki marhumning nomi o‘z mulkida qolsin, birodarlari orasida va kindik qoni to‘kilgan yurtida nomi yo‘qolib ketmasin. Bugun sizlar bunga guvoh bo‘lib turibsizlar. Shunda shahar darvozasi yonida turgan odamlar va oqsoqollar: — Biz guvohmiz, — dedilar. — Egamiz sening xonadoningga keladigan ayolni Rohila va Leaxday qilsin, ana o‘sha bibilardan Isroil xalqi bino bo‘lgan. Efratda boyliklar egasi bo‘lgin, Baytlahmda noming ulug‘ bo‘lgay. Sening xonadoning Tamaraning Yahudoga tug‘ib bergan o‘g‘li bobomiz Paraz xonadoniday barakali bo‘lsin. Egamiz mana shu juvon orqali senga o‘shanday buyuk nasl ato etsin. Shunday qilib, Bo‘az Rutga uylandi. Ular turmush qurib, bir yostiqqa bosh qo‘yishdi. Egamizning marhamati bilan Rut homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. Ayollar Naimaga aytishdi: — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bugun senga g‘amxo‘rlik qiladigan nevara berdi, merosxo‘rsiz qoldirmadi. Merosxo‘ringning nomi Isroilda ulug‘ bo‘lsin. U tufayli hayoting yana shodlikka to‘ladi, qariganingda suyanchig‘ing bo‘ladi. Chunki bu o‘g‘ilni seni yaxshi ko‘radigan, sen uchun hatto yetti o‘g‘ildan ham a’lo bo‘lgan kelining tug‘di. Naima chaqaloqni o‘ziga oldi, bir dam bag‘ridan uzmadi. O‘zi enagalik qildi. Qo‘shni ayollar: “Naima uchun o‘g‘il tug‘ildi”, deb chaqaloqqa Obid ismini berdilar. Obid Dovudning padari buzrukvori Essayning otasi bo‘ldi. Parazdan Dovudgacha bo‘lgan avlod–ajdod quyidagicha: Parazdan Xazron bunyod bo‘ldi. Xazrondan Ram bunyod bo‘ldi. Ramdan Ominadov bunyod bo‘ldi. Ominadovdan Naxsho‘n bunyod bo‘ldi. Naxsho‘ndan Salmo‘n bunyod bo‘ldi. Salmo‘ndan Bo‘az bunyod bo‘ldi. Bo‘azdan Obid bunyod bo‘ldi. Obiddan Essay bunyod bo‘ldi. Essaydan Dovud bunyod bo‘ldi. Efrayim qirlarida joylashgan Rama shahrida bir odam yashardi. Uning ismi Elqana bo‘lib, Efrayim qabilasining Zuf urug‘idan bo‘lgan Yeroxam deganning o‘g‘li edi. Yeroxam — Elixuning o‘g‘li, Elixu — To‘xuning o‘g‘li, To‘xu — Efrayim qabilasiga mansub bo‘lgan Zufning o‘g‘li edi. Elqananing Xanna va Paninna ismli ikki xotini bo‘lib, Paninnaning bolalari bor edi–yu, Xanna befarzand edi. Elqana har yili Sarvari Olamga sajda qilib, qurbonlik keltirmoq uchun o‘z shahridan Shilo‘ga borardi. Shilo‘da Elax degan odamning Xo‘fnax va Finxaz degan ikki o‘g‘li bo‘lib, ular Egamizning ruhoniylari edilar. Elqana qurbonlik qilgan kuni xotini Paninnaga, o‘g‘illari bilan qizlariga bir ulushdan bersa, Xannaga ham yaxshi joyidan bir ulush berardi. Chunki Egamiz Xannani bepusht qilib qo‘ygan bo‘lsa ham, Elqana uni yaxshi ko‘rardi. Xannani Egamiz befarzand qilib qo‘ygani uchun, kundoshi Paninna Xannaga qattiq ozor berib xafa qilardi. Har yili Xanna Egamizning uyiga borganda ham shu voqea yuz berardi: kundoshi Xannani xafa qilar, u esa yig‘lab hech narsa yemasdi. Eri Elqana esa: — Xanna, nega yig‘layapsan, nimaga ovqat yemayapsan? — derdi. — Nimaga bu qadar g‘amginsan? Sen uchun men o‘nta o‘g‘ildan ham afzal emasmanmi?! Bir kuni ular Shilo‘da yeb–ichib bo‘lganlaridan keyin, Xanna o‘rnidan turdi. Ruhoniy Elax Egamizning Ma’badi eshigi yonidagi kursida o‘tirgan edi. Xanna dili xufton, achchiq–achchiq yig‘lab, Egamizga ibodat qilib shunday va’da berdi: — Ey, Sarvari Olam! Shu cho‘ringning qayg‘usiga nazar solib yodga olsang, cho‘ringni unutmay, unga bir o‘g‘il ato etsang, o‘sha o‘g‘limni umrbod Senga nazr qilardim, uning boshiga ustara tegmasdi. Xanna Egamiz huzurida uzoq vaqt ibodat qildi. Elax esa uning og‘ziga qarab turardi. Xanna ichida gapirar, ovozi eshitilmas, faqat lablari qimirlardi. Shuning uchun Elax Xannani mast bo‘lsa kerak, deb o‘yladi: — Qachongacha sarxush bo‘lib yurasan?! Endi sharobdan voz kech! — dedi. — Yo‘q, unday emas, hazratim, — dedi Xanna. — Men ko‘ngli g‘amga to‘la bir ayolman. Na sharob ichganman, na bo‘za. Faqat yuragimdagini Egamga to‘kib solyapman. Bu cho‘ringizni allaqanday yaramas xotin deb o‘ylamang. G‘am–qayg‘ularim ko‘pligidan, shu paytgacha ibodat qilyapman. — Eson–omon bor, — dedi Elax. — Isroil xalqining Xudosi tilagingni bajo keltirsin. — Men, cho‘ringizni iltifotingizga sazovor biling, — dedi Xanna. So‘ng borib ovqat yedi, endi chehrasi g‘amgin emas edi. Ertasiga ular tong saharda turib, Egamizga sajda qilishdi. Keyin Ramaga — uylariga qaytib kelishdi. Elqana xotini Xanna bilan qovushdi. Egamiz Xannaga marhamat qildi. Xanna homilador bo‘ldi va vaqt–soati yetib o‘g‘il tug‘di. “Uni Egamizdan tilab oldim”, deb otini Shomuil qo‘ydi. Elqana Egamizga atab yillik qurbonlik marosimini o‘tkazish va va’dasini ado etish uchun oilasi bilan birga Shilo‘ga bordi. Xanna bu safar bormadi. U eriga: — Go‘dak ko‘krakdan chiqqandan keyin olib boraman, u Egamizning huzurida bo‘ladi, umr bo‘yi o‘sha yerda qoladi, — dedi. — Senga nima ma’qul bo‘lsa, shunday qilaver, — dedi Elqana. — Go‘dak ko‘krakdan chiqquncha shu yerda bo‘l. Egamiz O‘z va’dasini bajo qilsin. Xanna uyda qolib, o‘g‘li ko‘krakdan chiqquncha, uni emizdi. Kichkintoy ko‘krakdan chiqdi. So‘ng Xanna uch yoshli buqa, bir tog‘ora un va bir mesh sharob olib, o‘g‘lini Egamizning Shilo‘dagi uyiga olib keldi. Bola hali yosh edi. Buqani so‘yishgandan keyin, bolani Elaxning oldiga olib kelishdi. — Ey, hazrat, meni eslaysizmi? — dedi Xanna. — Shu yerda, huzuringizda turib Egamga ibodat qilgan o‘sha ayol menman. Men mana shu bola uchun Egamga iltijo qilgan edim, Egam tilagimni bajo qildi. Shuning uchun uni Egamga bag‘ishladim, umr bo‘yi Unga atalgan bo‘lsin, dedim. Ular shu yerda Egamizga sajda qildilar. Xanna shunday ibodat qildi: “ Egam tufayli ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi, Quvvatimni oshirgan O‘shadir. Dushmanlarim oldida maqtanurman, Najot berganing–chun sevinurman. Egam — tanho va haqiqiy Xudo, Ha, Sendan boshqasi yo‘q, ey, Egam. Xudoyimizday qoya yo‘qdir. Ortiq manmanlikka berilmang og‘iz ko‘pirtirib, Og‘zingizdan kibrli so‘zlar chiqmasin. U hammasini biladigan Xudodir, U odamlarning xatti–harakatini hukm qiladi. Kuchlilarning yoylari sinib ketadi, Ojizlar quvvat kamarini bog‘laydi. To‘q bo‘lganlar luqma non uchun mardikordirlar, Och bo‘lganlar esa endi to‘qdirlar. Befarzand ayol yetti bola tug‘ar, Serfarzand ayol esa kimsasiz qolar. Jonni oladigan ham Egamizdir, Jonni ato qiladigan ham Egamizdir O‘liklar diyoriga U tushirar va Yana qayta olib ham chiqar. U kimnidir yo‘qsil, kimnidir boy qilar, Kimnidir yerga urar, kimnidir yuksaltirar. Bechorahollarni U tuproqdan ko‘tarar, Faqirlarni axlatdan olib chiqib yuksaltirar. Ularga shahzodalar yonidan joy berar, Shuhrat taxtini meros qilib berar. Chunki Egamnikidir zaminning ustunlari Ustunlarning ustiga qo‘ygandir U olamni. U O‘ziga sodiq bo‘lganlarni himoya qilar Fosiqlar esa zulmatda so‘nib qolar. Zeroki kuch ila zafarga yetishmas inson. Egamizga qarshi turganlar parcha–parcha bo‘lajak, Xudoyi Taolo ularga qarshi osmonni gumburlatajak. Butun olamni U hukm qilajak, O‘zi moy surtib tanlagan shohiga kuch ato etib, Uning quvvatini oshirajak.” Shundan keyin Elqana oilasi bilan Ramaga — uyiga jo‘nadi. Kichkina Shomuil esa ruhoniy Elaxning huzurida qoldi va Egamizga xizmat qila boshladi. Elaxning o‘g‘illari yaramas yigitlar edilar. Ular Egamizni hurmat qilmas, xalq oldidagi o‘z ruhoniylik burchlarini mensimasdilar. Birortasi kelib qurbonlik so‘yib, go‘shtini qaynatayotganda, Elax o‘g‘illarining xizmatkori uch tishli sanchqi bilan kelardi. Xizmatkor sanchqini qozon–tovoqqa yoki tovaga yo bo‘lmasa qozonga tiqardi. Sanchqiga ilinganini ularga olib borardi. Ular Shilo‘ga kelgan Isroil xalqining hammasiga shunday munosabatda bo‘lishardi. Hatto qurbonlikning yog‘ini kuydirmasdan oldin, ruhoniyning xizmatkori kelib, qurbonlik qilayotgan odamga shunday derdi: — Ruhoniyga qovurish uchun go‘sht ber! U sendan qaynatilganidan emas, xomidan qabul qiladi. Qurbonlik qilayotgan odam: — Oldin Egamizga atab qurbonlikning yog‘ini kuydirib olay, keyin xohlaganingcha olaver, — deydigan bo‘lsa, xizmatkor: — Yo‘q, hozir berasan, yo‘qsa zo‘rlik bilan tortib olaman, — deb javob berardi. Elax o‘g‘illarining bu gunohi Egamiz oldida juda og‘ir edi, chunki ular Egamizga atalgan nazr –niyozlarga shunday hurmatsizlik qilishardi. Yosh Shomuil esa shu paytda ruhoniylarning muqaddas libosini kiyib, Egamiz huzurida xizmat qilib yurardi. Har yilgi qurbonlikni ado etish uchun onasi bilan otasi bu yerga kelishar, onasi o‘zi tikkan kiyimni o‘g‘liga olib kelardi. Ruhoniy Elax esa Elqana bilan uning xotinini duo qilib, Elqanaga: “Egamizdan tilab olib, Unga bag‘ishlagan farzandingning o‘rniga Xudoyim senga shu xotindan yana farzandlar bersin”, deb aytardi. Shundan keyin ular uylariga ketishardi. Egamiz Xannaga g‘amxo‘rlik qildi. U homilador bo‘lib, yana uch o‘g‘il, ikki qiz tug‘di. Yosh Shomuil esa Egamizning huzurida o‘sib–ulg‘aydi. Elax juda keksayib qolgan edi. U o‘g‘illarining jamiki Isroil xalqiga yomon munosabatda bo‘lishayotganini, Uchrashuv chodiriga kiraverishda xizmat qiladigan ayollar bilan zino qilishayotganini eshitib turardi. Elax o‘g‘illariga derdi: — Nimaga bunday qilyapsizlar? Qilayotgan qabih ishlaringiz hammaning og‘zida. Bunday qilmanglar, o‘g‘illarim! Egamizning xalqi orasida yoyilgan gap–so‘zlar yaxshi emas. Odam odamga qarshi gunoh qilsa, Xudo vositachilik qiladi. Ammo odam Egamizga qarshi gunoh qilsa, o‘rtada kim vositachilik qila oladi?! Biroq o‘g‘illari otalarining gapini quloqlariga olmasdilar. Shuning uchun Egamiz ularni o‘ldirishga qaror qilib qo‘ygan edi. Yosh Shomuil esa ulg‘ayib, Egamizning va xalqning olqishiga sazovor bo‘layotgan edi. Bir kuni bir payg‘ambar Elaxning oldiga kelib, shunday dedi: — Egamiz senga aytmoqda: “Isroil xalqi Misr yurtida Fir’avnga qul bo‘lib yurganda, O‘zimni ota–bobolaringga zohir qildim–ku! Bobong Horun Mening qurbongohimga chiqsin, qurbonlik kuydirib, oldimda efodni kiyib yursin, deb jamiki Isroil qabilalari orasidan Men uni O‘zimga ruhoniy qilib tanlab olgan edim. Buning ustiga, Horun avlodining ulushi bo‘lsin, deb hamma kuydiriladigan qurbonliklardan ham berdim. Shunday bo‘lgach, Men buyurgan qurbonlik va nazrlarni nimaga pisand qilmayapsizlar?! Nimaga xalqim Isroil bergan hamma nazrlardan eng yaxshi ulushlarni olib o‘zingiz yeb semiryapsizlar?! Nimaga o‘g‘illaringni Mendan ortiq ko‘ryapsan?! Shuning uchun Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz, shunday deb aytmoqdaman: avloding va otangning avlodi Menga abadiy xizmat qiladilar, deb aytgan bo‘lsam ham, endi bunday bo‘lmaydi! Meni izzat qilganni Men ham izzat qilaman, Meni xor qilgan esa sharmanda bo‘lur. Shunday kunlar yaqinlashmoqda: Men sening va otangning xonadonini yo‘qotaman. Natijada xonadoningdagi hamma kimsa ajalidan besh kun burun o‘ladi. Men Isroil xalqi ustiga yog‘diradigan rohat–farog‘atni sen ko‘rib, kulfat ichra ularga hasad qilasan. Sening xonadoningdan hech kim uzoq umr ko‘rmaydi. Xonadoningdan faqat bittasini yo‘q qilmasdan asrab qolaman. Lekin uning ko‘zlari yoshga, yuragi g‘am–g‘ussaga to‘ladi. Butun xonadoning ahli juvonmarg ketadi. Ikkala o‘g‘ling — Xo‘fnax bilan Finxazning boshiga tushadigan ko‘rgilik senga bir alomat bo‘lsin: ikkovi ham bir kunda nobud bo‘ladi. Mening xohish–irodamni amalga oshiradigan sadoqatli bir ruhoniyni O‘zim uchun tayin etaman, u ko‘nglimdagiday xizmat qiladi. Uning avlodini boqiy qilaman, u Men moy surtib tanlagan shoh oldida umr bo‘yi xizmat qiladi. Xonadoningda tirik qolgan har bir odam qora chaqaga va bir burda nonga zor bo‘lib uning oldiga keladi, o‘tinaman, menga biror ruhoniylik vazifasini ber, tirikchiligimni o‘tkazib turay, deb yolvorib ta’zim qiladi.” O‘spirin Shomuil Elaxning qo‘li ostida Egamizga xizmat qilib yurardi. O‘sha paytlari Egamizning kalomi kam kelar, vahiy ham ahyon–ahyonda bo‘lardi. Bir kuni kech kirgan, ko‘zlari xiralashib, ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan Elax yotog‘ida yotardi. Shomuil esa Egamizning Ma’badida yotgan edi, Xudoning sandig‘i ham o‘sha yerda edi. Xudoning chirog‘i hali ham yonib turardi. Shu payt Egamiz Shomuilni chaqirib qoldi. Shomuil: — Labbay, hazratim! — deb ovoz berdi va Elaxning oldiga yugurib kelib: — Meni chaqirgan edingiz, shu yerdaman, — dedi. — Yo‘q, seni men chaqirmadim, qayt, borib joyingga yot, — dedi Elax. Shomuil qaytib borib yotdi. Egamiz yana: — Shomuil! — deb chaqirdi. Shomuil yana turib, Elaxning oldiga kirdi va: — Meni chaqirgan edingiz, shu yerdaman! — dedi. — Chaqirganim yo‘q, o‘g‘lim, qayt, borib joyingga yot, — dedi u. Shomuil Egamizni hali tanimas, Egamizning kalomi hali unga ayon bo‘lmagan edi. Egamiz uchinchi marta Shomuilga sado berdi. Shomuil o‘rnidan turib Elaxning oldiga keldi–da: — Meni yana chaqirdingiz–ku, men shu yerdaman, — dedi. Shunda Elax bildiki, o‘spirinni Egamiz chaqirayotgan ekan. Elax Shomuilga dedi: — Borib joyingga yot, o‘sha ovoz seni yana chaqirib qolsa, “Gapiraver, ey, Egam, quling tinglayotir”, degin. Shomuil borib, joyiga yotdi. Egamiz o‘sha yerda zohir bo‘ldi va oldingiday: — Shomuil, Shomuil! — deb chaqirdi. — Gapiraver, ey, Egam! Quling tinglayotir! — deb javob berdi Shomuil. Egamiz dedi: — Shomuil! Men Isroilda shunday bir ish qilmoqchimanki, eshitganning boshidan hushi uchadi. O‘sha kuni Men Elaxning xonadoni to‘g‘risida nima aytgan bo‘lsam, hammasini bajo qilaman, boshlagan ishimni oxiriga yetkazaman. Elaxga, sening xonadoningni to abad jazolayman, deb uni ogohlantirgan edim. Uning o‘g‘illari ko‘p gunoh qilib, o‘zlariga la’nat orttirdilar. Elax esa buni bila turib, ularni tergamadi. Shu sababdan Elax xonadoni qilgan gunohlarni to abad qurbonligu nazr qilish bilan yuvib bo‘lmaydi, deb ont ichaman. Shomuil ertalabgacha o‘rnida yotdi. Keyin turib, Egamizning uyi eshiklarini ochdi. O‘sha vahiyni Elaxga aytishdan qo‘rqdi. Shu payt Elax: — Shomuil, o‘g‘lim! — deb chaqirdi. — Labbay, shu yerdaman, — deb Shomuil Elaxga yaqin keldi. — Egamiz senga nimalar dedi? — so‘radi Elax. — Zinhor mendan yashira ko‘rma. Egamizning senga aytgan gaplaridan birortasini mendan yashirsang, Xudo seni yomon ko‘yga solsin, hatto undan battarrog‘ini qilsin! Shomuil Elaxdan hech narsani yashirmay aytib berdi. — U Egamizdir, — dedi Elax, — Unga nima ma’qul bo‘lsa, o‘shani bajo qiladi. Shomuil ulg‘ayaverdi, Egamiz doimo u bilan birga bo‘ldi, Shomuil bashorat qilgan hamma narsani Egamiz ro‘yobga chiqardi. Dandan Bershevagacha bo‘lgan jamiki Isroil xalqi Shomuil haqiqatdan ham Egamizning payg‘ambari ekanligini bildi. Egamiz Shilo‘da yana takror–takror zohir bo‘lib, o‘sha yerda O‘z kalomi orqali Shomuilga ayon bo‘lardi. Butun Isroilda Shomuilning so‘zi vojib edi. Shu orada Filistlar urush boshlagan edi, Isroil lashkari ularga qarshi otlandi. Isroil lashkari Evanzor degan joyda, Filistlar esa Ofoq shahrida qarorgoh qurdilar. Filistlar Isroil lashkariga qarshi saf tortdilar. Jang boshlandi, Filistlar Isroil lashkarini mag‘lub qildilar. Jang maydonida to‘rt mingga yaqin Isroil sipohlari nobud bo‘ldi. Lashkar qarorgohga qaytgach, Isroil oqsoqollari shunday dedilar: — Nima uchun bugun Egamiz bizni Filistlarga mag‘lub qilib berdi? Egamizning ahd sandig‘ini Shilo‘dan bu yerga olib kelaylik. Ahd sandig‘i bizning oramizda borsin, toki bizni g‘animlarimizning qo‘lidan qutqarsin. Oqsoqollar ikki karub orasida taxt qurgan Sarvari Olamning ahd sandig‘ini Shilo‘dan olib kelish uchun odamlarni yubordilar. Elaxning ikkala o‘g‘li — Xo‘fnax bilan Finxaz ham jang bo‘layotgan joyga Xudoning ahd sandig‘ini olib kelish uchun yordamlashdilar. Egamizning ahd sandig‘ini qarorgohga olib kelishganda, hamma Isroil xalqi shunday baland ovoz bilan baqirishdiki, hatto yer turgan joyidan qo‘zg‘alib ketdi. Filistlar shovqin–suronni eshitib: — Ibroniylar qarorgohida nega bunchalik qattiq baqir–chaqir bo‘lyapti ekan? — deyishdi. Keyin Egamizning sandig‘ini qarorgohga olib kelganlarini bilib, qo‘rqib ketishdi: — Xudolari qarorgohga kelibdi, endi sho‘rimiz quriydi! Bunaqasini hech qachon eshitmagandik! Oh, sho‘rimiz qursin! Bunday qudratli xudolarning qo‘lidan kim bizni xalos qiladi? Sahroda Misrliklarni har baloga giriftor qilgan xudolar o‘shalar–ku! Dadil bo‘ling, ey, Filistlar! Mard bo‘linglar! Aks holda ibroniylar sizlarga qanday bo‘ysungan bo‘lsalar, sizlar ham ularga shunday bo‘ysunib qolasizlar. Shuning uchun mardona kurashib, jang qilinglar! Shundan so‘ng Filistlar qattiq hujum qilib, Isroil lashkarini mag‘lub etdilar. Isroil lashkarining bari uylariga qochib qoldi. Isroil lashkari shunchalik katta talafot ko‘rdilarki, ular o‘ttiz ming piyoda sipohidan ayrildi. Xudoning sandig‘i ham qo‘ldan ketdi, Elaxning ikkala o‘g‘li — Xo‘fnax bilan Finxaz esa halok bo‘ldi. Benyaminlik bir odam jang maydonidan qochib, o‘sha kuniyoq Shilo‘ga yetib keldi. U qayg‘udan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan edi. O‘sha odam Shilo‘ga yetib kelganda, Elax Xudoning sandig‘iga biror narsa bo‘lishidan xavotirlanib, yo‘l yoqasida kursida kutib o‘tirgan edi. Haligi odam shaharga kirib, bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib bergan edi, butun shahar ahli dod–faryod ko‘tardi. Elax shovqin–suronni eshitib: — Nimaga bunchalik shovqin? — deb so‘radi. O‘sha odam, bo‘lgan voqeadan Elaxni xabardor qilib qo‘yay, deb darrov uning yoniga keldi. O‘sha paytda Elax to‘qson sakkiz yoshda bo‘lib, ko‘zlari xiralashgan, yaxshi ko‘ra olmasdi. Haligi kishi Elaxga: — Men jang maydonidan kelyapman, u yerdan bugun qochib keldim, — dedi. — Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? — deb so‘radi Elax. Xabar keltirgan odam shunday dedi: — Isroil lashkari Filistlarning oldiga tushib qochdi. Lashkar katta talafot ko‘rdi. Ikkala o‘g‘lingiz — Xo‘fnax bilan Finxaz ham halok bo‘ldi. Xudoning sandig‘i esa qo‘ldan ketdi. Elax hali ham darvoza yonidagi kursida o‘tirar edi. Xabarchi, Xudoning sandig‘ini Filistlar tortib oldi, deb aytishi bilan Elax kursidan orqasi bilan yiqildi. Keksaligi va semizligidan bo‘yni sinib, o‘sha zahoti jon berdi. U Isroilda qirq yil hakamlik qilgan edi. Elaxning kelini — Finxazning xotini homilador bo‘lib, yaqin orada ko‘zi yorishi kerak edi. “Xudoning sandig‘i qo‘ldan ketdi, qaynatang va ering o‘ldi”, degan xabarni eshitishi bilanoq uni to‘lg‘oq tutib qoldi. U yerga cho‘nqayib o‘tirib, tug‘ib qo‘ydi. Doya xotinlar unga o‘limi oldidan: — Qo‘rqma, o‘g‘il tug‘ding, — dedilar. Lekin u e’tibor bermadi, biror so‘z ham aytmadi. Xudoning sandig‘i qo‘ldan ketgan, qaynatasi bilan eri o‘lgani uchun u: — Isroildan ulug‘vorlik ketdi, — deya chaqaloqqa Ixabod deb ism qo‘ydi. Keyin u yana: — Xudoning sandig‘i qo‘ldan ketdi, Isroildan ulug‘vorlik ketdi, — dedi. Filistlar Xudoning sandig‘ini qo‘lga kiritganlaridan keyin, uni Evanzordan Ashdod shahriga olib ketishdi. Uni Filistlarning xudosi Do‘g‘on uyiga olib borib, Do‘g‘on haykali yoniga joylashtirishdi. Ashdodliklar ertasiga saharda turib qarashsa, Do‘g‘on Egamizning sandig‘i oldida yuzi bilan yerga ag‘darilib yotgan ekan. Shunda Do‘g‘onni ko‘tarib, joyiga turg‘izib qo‘yishdi. Ertasiga yana saharda turib qarashsa, Do‘g‘on Egamizning sandig‘i oldida yuzi bilan yerga ag‘nab yotgan ekan. Bu safar Do‘g‘onning boshi bilan ikkala qo‘li sinib, ostonada yotgan, faqat gavdasi butun qolgan ekan, xolos. Shuning uchun Do‘g‘on ruhoniylari va Do‘g‘on uyiga kelib sajda qiluvchilarning birortasi bugungacha Ashdoddagi bu joyning ostonasini bosib ichkari kirishmaydi. Egamiz Ashdod aholisini va uning atrofidagi qishloqlar aholisini qattiq jazoladi. Ularni chipqonga giriftor qilib, katta kulfat keltirdi. Ashdodliklar bo‘lib turgan voqealarni ko‘rgach: — Isroil Xudosining sandig‘i endi biz bilan qolmasin, chunki u o‘zimizga ham, xudoyimiz Do‘g‘onga ham og‘ir kulfat keltirdi, — deyishdi. So‘ngra xabarchilar jo‘natib, hamma Filist beklarini chaqirtirib kelishdi: — Isroil Xudosining sandig‘ini nima qilamiz? — deb so‘rashdi Ashdodliklar. — Isroil Xudosining sandig‘i Gatga yuborilsin, — deyishdi Filist beklari. Shunday qilib, Isroil Xudosining sandig‘i Gat shahriga jo‘natib yuborildi. Ammo sandiq u yerga keltirilgandan keyin, Egamiz o‘sha shaharga ham balo–qazo keltirdi. Shaharni qattiq vahima bosdi. Egamiz butun shahar aholisini, kattayu kichikni yana chipqonga mubtalo qildi. Shundan keyin Isroil Xudosining sandig‘ini Exron shahriga jo‘natishdi. Xudoning sandig‘i Exronga kirar–kirmas, Exronliklar: — O‘zimizni va xalqimizni qirib tashlagani Isroil Xudosining sandig‘ini bizga olib kelishdi! — deb shovqin soldilar. Xabarchilar jo‘natib, Filistlarning hamma beklarini to‘plab, shunday dedilar: — Isroil Xudosining sandig‘ini kelgan joyiga qaytarib yuboringlar, tag‘in o‘zimiz ham, xalqimiz ham qirilib ketmaylik. Shaharning har tarafida o‘lim vahimasi hukm surardi. Xudo ularga og‘ir jazo yuborgan edi. Omon qolganlarning hammasiga esa chipqon chiqdi. Shahar ahlining ohu fig‘oni ko‘klarni o‘rladi. Egamizning sandig‘i Filistlar hududida yetti oy qolib ketdi. Filistlar o‘zlarining ruhoniylari va folbinlarini chaqirib: — Isroil Xudosining sandig‘ini nima qilamiz, uni o‘z yeriga qanday qaytaramiz? Bizga o‘rgating, — deyishdi. Ruhoniylar bilan folbinlar shunday javob berdilar: — Isroil Xudosining sandig‘ini orqaga qaytaradigan bo‘lsangizlar, bo‘sh qaytarmanglar. Isroil Xudosiga albatta aybingizni yuvadigan nazr atanglar. O‘shanda shifo topib, Xudo nima uchun sizlarni jazolayotganini bilib olasizlar. — Aybimizni yuvish uchun Unga nimani nazr qilamiz? — deb so‘rashdi Filistlar. Ruhoniylar va folbinlar shunday javob berishdi: — Aybingizni yuvadigan nazr, Filist beklarining miqdoricha — oltindan qilingan beshta chipqon va beshta sichqon bo‘lsin. Chunki balo–qazo sizlarning hammangiz uchun ham, beklaringiz uchun ham baravardir. Shuning uchun chipqonlarning va mamlakatga qirg‘in keltirgan sichqonlarning haykalchalarini yasang, shu tariqa Isroil xalqining Xudosini sharaflang. Balki ana shunda o‘zlaringizga, xudolaringizga va yurtingizga kelgan balo–qazoni U yengillatar. Nimaga Misrliklarga va fir’avnga o‘xshab o‘jarlik qilasizlar? Esingizda yo‘qmi, Isroil xalqining Xudosi Misrliklarni rosa ezgandan keyingina, ular Isroil xalqini o‘z yo‘liga qo‘yib yubordilar–ku! Endi bitta yangi arava bilan hali hech bo‘yinturuq solinmagan ikkita sog‘in sigir hozirlanglar. Sigirlarni aravaga qo‘shinglar, buzoqlarini esa sigirlardan ayirib, og‘ilxonaga olib boringlar. Isroil xalqining Egasi sandig‘ini olib aravaga yuklanglar, ayblaringizni yuvadigan nazrlarni — Unga atalib yasalgan oltin haykalchalarni bir qutiga joylashtiringlar. O‘sha qutini sandiqning yoniga qo‘yinglar. Keyin aravani qo‘yib yuboringlar, o‘z yo‘liga ketsin. Aravaning orqasidan kuzatib boringlar. Agar sigirlar bizning yurtimiz chegarasidan o‘tib, Bayt–Shamash shahriga boradigan yo‘ldan ketsa, demak, boshimizga bunday katta kulfatni solgan Isroil xalqining Xudosidir. Agarda shunday bo‘lmasa, bu kulfat bizga Undan kelmaganini, balki bir tasodif bo‘lganini bilib olamiz. Odamlar aytilganday qilishdi. Ikki sog‘in sigir keltirib, aravaga qo‘shishdi, buzoqlarni esa og‘ilxonaga qamab qo‘yishdi. Egamizning sandig‘ini, shuningdek, ichiga oltin sichqonlar va chipqonlarning haykalchalari solingan qutini aravaga yuklashdi. Sigirlar to‘ppa–to‘g‘ri Bayt–Shamash yo‘lidan ketdi. O‘ngga ham, chapga ham burilmay, bo‘kirganicha, katta yo‘l bo‘ylab ilgarilab ketaverdi. Filist beklari aravani Bayt–Shamash chegarasigacha kuzatib borishdi. O‘sha paytda Bayt–Shamash aholisi vodiyda bug‘doy o‘rayotgan edi. Ular sandiqni ko‘rib, sevinib ketishdi. [14-15] Arava Bayt–Shamashlik Yoshuaning dalasiga yetib kelib, to‘xtab qoldi. O‘sha yerda katta bir tosh bor edi. Levilar Egamizning sandig‘ini va yonidagi oltin haykalchalar joylangan qutini aravadan tushirib, o‘sha katta toshning ustiga qo‘yishdi. Bayt–Shamash aholisi aravaning yog‘ochlarini o‘tin qilib yordi. Sigirlarni esa Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qilishdi. O‘sha kuni Bayt–Shamash aholisi Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar va boshqa qurbonliklar keltirdi. *** Beshala Filist beklari bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, shu kuni Exronga qaytib ketdilar. Filistlar ayblari uchun Egamizga nazr qilib beshta oltin chipqon haykalchasini jo‘natgan edilar. Hadyalar Ashdod, G‘azo, Ashqalon, Gat va Exron shaharlarining hokimlaridan edi. Beshta oltin chipqon beshta hukmdor boshqargan Filistlar shaharlarining va ularning atrofidagi qishloqlarning ramzi edi. Bayt–Shamashlik Yoshuaning dalasidagi Egamizning sandig‘i qo‘yilgan katta tosh shu kungacha bunga guvoh bo‘lib turibdi. Bayt–Shamashlik yetmish kishi Egamizning sandig‘i ichiga qaragan edi, Xudo ularni yo‘q qildi. Egamiz xalqning boshiga og‘ir kulfat keltirgani uchun, Bayt–Shamashliklar motam tutdilar. Bayt–Shamash aholisi shunday dedi: — Egamiz oldida — bu muqaddas Xudo oldida kim bardosh berishga qodir ekan?! Uni o‘zimizning oldimizdan qayoqqa jo‘natsak ekan? Nihoyat, ular Xirat–Yorim aholisiga xabarchi jo‘natib: “Filistlar Egamizning sandig‘ini qaytarishdi, kelinglar, uni o‘z shahringizga olib ketinglar”, degan gapni yetkazishdi. Shundan keyin Xirat–Yorim aholisi borib, Egamizning sandig‘ini oldi. Uni Abunadovning tepalikdagi uyiga olib kelishdi. Egamizning sandig‘ini avaylab saqlasin, deb Abunadovning o‘g‘li Elazarni shu vazifaga tayinlab, poklashdi. Sandiq uzoq vaqt — yigirma yilcha Xirat–Yorimda qolib ketdi. Bu orada butun Isroil xalqi Egamizga talpindi. Shomuil jamiki Isroil xalqiga dedi: — Agar chin dildan Egamizga qaytmoqchi bo‘lsangiz, hamma begona xudolarni va Ashtaret tasvirlarini orangizdan yo‘qoting. Ko‘nglingizni Egamizga berib, yolg‘iz Unga xizmat qiling. Ana shunda Egamiz sizlarni Filistlarning qo‘lidan qutqaradi. Isroil xalqi Baal va Ashtaret tasvirlarini yo‘q qilib, faqat Egamizga xizmat qila boshlashdi. O‘shanda Shomuil: — Butun Isroil xalqi Mispaxda to‘plansin, men u yerda Isroil xalqi uchun Egamizga iltijo qilaman, — dedi. Mispaxda to‘plangan Isroil xalqi quduqdan suv tortib, Egamizga nazr qilib to‘kishdi. “Egamiz oldida gunoh qildik”, deb o‘sha kuni ro‘za tutishdi. Shomuil Mispaxda Isroil xalqiga hakamlik qila boshladi. Filistlar Isroil xalqining Mispaxda to‘planganini eshitib qolishdi. Filist beklari, Isroil xalqi bilan urishamiz, deb otlanishdi. Isroil xalqi buni eshitib, Filistlardan qo‘rqib ketishdi. Ular Shomuilga: — Biz uchun Egamiz Xudoga tinimsiz iltijo qiling, toki U bizni Filistlarning qo‘lidan qutqarsin, — deyishdi. Shu boisdan Shomuil bir emadigan qo‘zichoq olib, Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qildi. So‘ng Isroil xalqi uchun Egamizga nolayu faryod bilan iltijo qildi. Egamiz uning iltijosini eshitdi. Shomuil kuydiriladigan qurbonlikni ado etayotgan edi, Filistlar Isroil lashkariga hujum qilmoqchi bo‘lib yaqin keldilar. Ammo o‘sha zahoti Egamiz vahimali ovoz chiqarib, Filistlarni shunday sarosimaga soldiki, Isroil lashkari ularni mag‘lub qildi. Isroil lashkari Mispaxdan chiqib, Filistlarni Bayt–Kor degan yerning etagigacha quvib borib o‘ldirdilar. Shomuil bir toshni olib, Mispax bilan Yashono orasiga o‘rnatdi. “Egamiz bizga butun yo‘l bo‘yi yordam berdi”, deya toshga Evanzor deb nom berdi. Mag‘lub bo‘lgan Filistlar Isroil hududiga qaytib hujum qilishmadi. Shomuil hayotligida Isroil xalqi Filistlarga hujum qilganda, Egamiz madad berib turdi. Exrondan Gatga qadar Filistlar qo‘lga kiritgan shaharlarning hammasini Isroil xalqi yana qaytarib oldi. Shunday qilib, Isroil xalqining hamma yerlari Filistlardan ozod bo‘ldi. Isroil xalqi bilan Amor xalqlari orasida sulh tuzildi. Shomuil umr bo‘yi Isroilga hakamlik qildi. U har yili Baytil, Gilgal, Mispaxni aylanar, bu shaharlarda turib, Isroilni boshqarardi. Keyin Rama shahridagi uyiga qaytar va o‘sha yerda turib Isroilga hakamlik qilardi. Shomuil Ramada Egamizga atab bir qurbongoh qurdirdi. Shomuil keksaygach, o‘g‘illarini Isroilga hakam qilib tayinlagan edi. To‘ng‘ich o‘g‘lining oti Yo‘el, ikkinchi o‘g‘lining oti Abiyo edi. Bersheva shahrida shu o‘g‘illari hakam edilar. Ammo o‘g‘illari Shomuilning yo‘lidan yurishmadi. Ular tama qilar, pora olar, bir yoqlama hukm chiqarardi. Bir kuni Isroilning hamma oqsoqollari to‘planishib, Ramaga — Shomuilning huzuriga borishdi va unga shunday deyishdi: — Mana, siz keksaydingiz, o‘g‘illaringiz esa sizning yo‘lingizdan yurishmayapti. Endi boshqa xalqlarda bo‘lganiday, ustimizdan hukmronlik qiladigan bir shoh tayinlang. Isroil oqsoqollarining “Ustimizdan hukmronlik qiladigan bir shoh tayinlang” degan gaplari Shomuilga yoqmadi. Shuning uchun u Egamizga ibodat qilgan edi, Egamiz Shomuilga shunday javob berdi: — Xalq senga nima aytsa, hamma gapiga quloq sol. Ular seni rad etishmadi, o‘zlarining shohi sifatida Meni rad etishdi. Ularni Misrdan olib chiqqan kunimdan buyon Menga nima qilgan bo‘lsalar, senga ham shunday qilishayotir: ular Meni tark etib, boshqa xudolarga sajda qilishdi. Endi ularning gapiga quloq sol. Faqat ularni jiddiy ogohlantirib qo‘y, o‘zlari ustidan hukmronlik qiladigan shohning huquqi va muomalasini ochiqchasiga ayt. O‘zlari uchun shoh talab qilayotgan xalqqa Shomuil Egamizning hamma aytganlarini yetkazdi: — Sizlarga hukmronlik qiladigan shohning huquqi va muomalasi quyidagicha bo‘ladi: shoh o‘g‘illaringizni majburlab jang aravalari va suvoriy to‘dalarida xizmat qilishga oladi. Ular shohning jang aravalari oldida yugurishadi. Shoh ba’zilarini mingboshi, ba’zilarini ellikboshi etib tayinlaydi. Qay birini shoh o‘z dalasini ekish–o‘rishga, yana boshqasini esa jang qurollarini va jang aravalarining asbob–uskunalarini yasashga majbur etadi. Qizlaringizni pardozchi, oshpaz, novvoy qilib oladi. Eng yaxshi dalalaringizni, uzumzorlaringizni, zaytunzorlaringizni olib, o‘zining a’yonlariga beradi. Doningizning, uzumlaringizning o‘ndan birini olib, saroy amaldorlari bilan boshqa a’yonlariga taqsimlab beradi. Qul va cho‘rilaringizni, eng sara ho‘kizlaringizni, eng sara eshaklaringizni olib, o‘zining ishi uchun foydalanadi. Qo‘y va echki suruvlaringizning ham o‘ndan birini tortib oladi. O‘zlaringiz ham unga qul bo‘lib qolasizlar. Vaqti kelib, o‘zlaringiz istagan shoh dastidan faryod qilasizlar. Lekin o‘sha paytda Egamiz sizlarga javob bermaydi. Baribir xalq Shomuilning gapini eshitishni istamadi: — Yo‘q, ustimizdan bir shoh bo‘lsin, o‘shanda biz ham hamma xalqlar singari bo‘lamiz. Shohimiz bizga hukmronlik qilsin, oldimizda borib, urushlarimizda bosh bo‘lsin, — deyishdi. Shomuil xalqning hamma gapini tingladi, so‘ng ularning gaplarini Egamizga aytdi. Egamiz Shomuilga: — Ularning gapiga quloq sol, ustilaridan shoh tayinla, — deb amr berdi. Shomuil Isroil xalqiga: — Har kim o‘z shahriga qaytsin, — dedi. Benyamin qabilasida Kish degan bir odam bor edi. Kish — Abilning o‘g‘li, Abil — Zarorning o‘g‘li edi. Zaror — Baxuratning, Baxurat — Ofiyoxning o‘g‘li edi. Benyamin qabilasidan bo‘lgan Kish ancha obro‘li odam edi. Uning Shoul degan yosh, chiroyli bir o‘g‘li bor edi. Isroil xalqi orasida Shouldan chiroyli odam yo‘q edi. Har qanday odamning bo‘yi uning yelkasidan kelardi. Bir kuni Kishning eshaklari yo‘qolib qoldi. Kish o‘g‘li Shoulga: — Xizmatkorlardan birini yoningga olgin–da, borib, eshaklarni topib kel, — dedi. Shoul Efrayim qirlarini, so‘ng Sholisho yerlarini aylanib chiqdi. Ammo eshaklarni topa olmadi. Keyin Shalim yerlariga o‘tdi, eshaklar u yerda ham yo‘q ekan. So‘ngra Benyamin hududini kezib chiqdi, eshaklarni u yerdan ham topa olmadi. Zuf degan joyga borishgach, Shoul yonidagi xizmatkoriga: — Bo‘ldi endi, orqaga qaytamiz, bo‘lmasa, eshaklar qolib, otam bizdan xavotirlanadi, — dedi. — Endi bunday qilsak, — dedi xizmatkori, — shu shaharda bir payg‘ambar bor, u obro‘li odam. Hamma aytganlari vojib bo‘ladi. O‘sha odamnikiga borsak, balki boradigan yo‘limizni u bizga ko‘rsatar. — Agar borsak, unga nima olib boramiz? — deb so‘radi Shoul. — To‘rvalarimizdagi non tugadi. Payg‘ambarga olib boradigan biror hadyamiz yo‘q. Nimamiz qoldi? — Mana, menda bir kumush tanga bor, — dedi xizmatkor. — Buni payg‘ambarga beraman, boradigan yo‘limizni u bizga ko‘rsatadi. (Qadimda Isroilda kimdir Xudoning xohish–irodasini bilmoqchi bo‘lsa, “Qani, valiyga boramiz”, derdi. Bugungi payg‘ambar o‘sha vaqtda valiy deyilardi.) Shoul xizmatkoriga: — Ma’qul, qani, ketdik, — dedi. Shunday qilib, ular payg‘ambar yashaydigan shaharga jo‘nadilar. Shahar tepalikda joylashgan edi. Ular shaharga boradigan qiya yo‘ldan ketayotganlarida, quduqdan suv olishga kelgan qizlarga duch kelishdi. Ular qizlardan: — Valiy shu yerdami? — deb so‘rashdi. Qizlar javob berishdi: — Ha, ana oldingizda! Faqat tezroq boringlar, shahrimizga bugun keldilar. Bugun tepalikdagi sajdagohda xalq qurbonlik keltiradi. Shaharga kirishingiz bilanoq, uni topasizlar. U sajdagohga taom yeyishga kelmoqda. Valiy kelib, qurbonlikni tabarruk qilmaguncha, xalq taom yemaydi. Taklif qilinganlar u kelgandan keyingina taom yeydi. Hozir borsalaringiz, uni darrov topasizlar. Shoul bilan xizmatkori shaharga kelishdi. Shaharga kirganlarida, sajdagohga chiqishga taraddud ko‘rayotgan Shomuil ular tomonga kelayotgan ekan. Shoul kelmasdan bir kun oldin, Egamiz Shomuilga shuni ayon qilgan edi: “Ertaga shu vaqtda sening oldingga Benyamin yurtidan bittasini yuboraman. Uning boshiga moy surtib tanla. U xalqim Isroilning hukmdori bo‘lsin. Xalqimni Filistlar qo‘lidan u qutqaradi. Xalqimning ahvoliga nazar soldim, ularning ohu fig‘oni Menga yetib keldi.” Shomuil Shoulni ko‘rgach, Egamiz unga: “Ana Men senga aytgan odam, Mening xalqimga u rahnamolik qiladi”, — dedi. Shoul shahar darvozasi oldida Shomuilga yaqinlashib so‘radi: — Marhamat qilib ayting–chi, valiyning uyi qayerda? — Valiy menman, — dedi Shomuil. — Mendan oldin sajdagohga chiq. Bugun men bilan birga taom yeysizlar. Ertaga ertalab dilingdagi hamma narsani senga aytib, keyin o‘zim kuzatib qo‘yaman. Isroil xalqining umidi sendan va sening xonadoningdan ekanini o‘zing bilishing zarur. Uch kun oldin yo‘qolgan eshaklaring uchun qayg‘urma. Ular topildi. — Men Isroil qabilasining eng kichigi bo‘lgan Benyamin qabilasidanman–ku! Men mansub bo‘lgan urug‘ Benyamin qabilasining hamma urug‘idan eng kichigi bo‘lsa, menga nima uchun bunday gaplarni aytyapsiz? — dedi Shoul. Shomuil Shoul bilan xizmatkorini o‘sha yerdagi xonaga olib bordi. Chaqirilganlar taxminan o‘ttiztacha edi. Eng to‘riga Shoul bilan xizmatkorini o‘tqazdi. Keyin oshpazga: — Men senga, bir chetga olib qo‘y, deb ulush bergan edim–ku, o‘sha ulushni keltir, — dedi. Oshpaz o‘ng son go‘shtini olib kelib, Shoulning oldiga qo‘ydi. — Mana, sen uchun ajratib qo‘yilgan ulush, marhamat, ye! — dedi Shomuil. — Bu ulushni belgilangan kunda o‘zim chaqirgan xalqim bilan birga yeysan, deb senga saqlab qo‘ygan edim. O‘sha kuni Shoul Shomuil bilan taom yedi. So‘ngra ular sajdagohdan shaharga tushishdi. Shomuil uyining tomida Shoul bilan suhbatlashdi. Sahar payti Shomuil tom ustida yotgan Shoulni chaqirib: — Bo‘la qol! Seni kuzatib qo‘yaman, — dedi. Shoul o‘rnidan turib, Shomuil bilan birga tashqariga chiqdi. Shahar chekkasiga yaqinlashganlarida, Shomuil Shoulga dedi: — Xizmatkoringga ayt, u bizdan oldinroq yursin. Sen orqaroqda qol, senga Xudoning kalomini aytaman. So‘ngra Shomuil moy idishini olib, Shoulning boshiga moy surtdi. Keyin uni o‘pib, shunday dedi: — Mana, Egamiz senga moy surtib, O‘z xalqiga hukmdor etib tanladi. Bugun mening oldimdan ketganingdan keyin Benyamin hududida, Zilzaxdagi Rohilaning maqbarasi yonida ikki kishiga duch kelasan. Ular senga: “Izlab ketgan eshaklaring topildi, otang endi eshaklarni o‘ylamay, balki, o‘g‘limga nima bo‘ldi ekan, deb sendan xavotirlanib o‘tiribdi”, deb aytishadi. U yerdan yana yo‘lingda davom etib, Tovurdagi muqaddas daraxt oldidan chiqasan. U yerda uchta odamga duch kelasan. Ularning biri uchta uloqcha, biri uchta gardish non, yana boshqasi bir mesh sharob bilan Xudoning huzuriga — Baytilga yo‘l olgan bo‘ladi. Ular senga omonlik tilab, ikkita gardish non berishadi. Sen nonlarni ol. Keyin Filistlar qo‘nolg‘asi joylashgan, Xudoning tepaligi deb atalgan Givoga borasan. Shaharga kirganingda, payg‘ambarlar guruhiga duch kelasan. Ular oldilarida arfa, childirma, nay, lira chalib, jo‘shib zikr tushib, sajdagohdan tushib kelayotgan bo‘ladilar. Egamiz Ruhi seni ham qamrab oladi. Ular bilan birga sen ham jo‘shib zikr tushasan va butunlay boshqa odamga aylanasan. Bu alomatlar senda namoyon bo‘lganda, o‘zingga ma’qul bo‘lganini qil. Xudo sen bilan. Mendan oldin sen Gilgalga bor. Men ham kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini nazr qilgani huzuringga boraman. Meni yetti kun kut, yoningga borganimdan keyin nima qilishingni aytaman. Shoul endi Shomuilning yonidan ketish uchun chog‘langan ham ediki, Xudo uning yuragini o‘zgartirdi. O‘sha kuni Shomuil aytgan hamma alomatlar bajo bo‘ldi. Shoul Givoga kelganda, uni payg‘ambarlar guruhi qarshi oldi. Xudoning Ruhi uni qamrab oldi, Shoul ular bilan birga jo‘shib zikr tusha boshladi. Shoulning do‘stlari buni ko‘rib, hayratga tushdilar: — Nima? Nahotki Shoul ham payg‘ambar bo‘lsa?! Kishning o‘g‘li qanday qilib payg‘ambar bo‘lib qolibdi? Qo‘shnilaridan biri e’tiroz bildirdi: — Otasi kimligining ahamiyati yo‘q. Har kim ham payg‘ambar bo‘lishi mumkin. Shu sababdan ham “Nahotki Shoul ham payg‘ambar bo‘lsa?!” degan gap aslida o‘shandan qolgan. Zikr tushish to‘xtagach, Shoul sajdagohga chiqdi. Amakisi Shoul bilan xizmatkoridan: — Qayerlarda qolib ketdingizlar? — deb so‘radi. — Eshaklarni qidirdik, ularni topa olmay, Shomuilning oldiga bordik, — deb javob berdi Shoul. — Shomuil sizlarga nimalar dedi, menga ham ayt–chi, — dedi amakisi. — Eshaklarning topilganini bizga to‘ppa–to‘g‘ri aytib berdi, — dedi Shoul. Shomuilning shohlikka aloqador so‘zlarini esa amakisiga aytmadi. Shomuil Isroil xalqini Mispaxda Egamiz huzuriga chaqirib shunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: — Isroil xalqini Misrdan Men olib chiqqanman. Misrliklarning va sizlarga zulm qilgan hamma shohliklarning qo‘lidan sizlarni qutqardim. Ammo bugun butun mashaqqat va zahmatlaringizdan sizlarni qutqaradigan Men, Xudoyingizni rad qildingiz hamda: “Bizga ustimizdan shoh tayinlang”, dedingiz. Endi Men, Egangizning oldida qabila va urug‘larga bo‘linib tiziling.” Shomuil Isroil xalqining hamma qabilalarini birin–ketin o‘z huzuriga chaqirdi. Qur’a tashlab, ulardan Benyamin qabilasini tanlab oldi. Keyin Benyamin qabilasini urug‘lari bo‘yicha oldiga chaqirdi. Qur’a tashlab, Matri urug‘ini tanlab oldi. Yana qur’a tashlab, Matri urug‘idan Kishning o‘g‘li Shoulni tanlab oldi. Isroil xalqi uni axtarib topa olmadi. Ular Egamizdan: — O‘sha odam keldimi o‘zi? — deb so‘rashdi. — U shu yerda, u–bu anjomlarning orasida yashirinib yuribdi, — degan javob keldi Egamizdan. Odamlar yugurib borib, Shoulni olib kelishdi. Shoul xalqning orasida tikka turgan edi, hamma uning yelkasidan kelar ekan. Shomuil butun xaloyiqqa qarata: — Egamiz tanlagan odamni ko‘ryapsizmi, butun xalq orasida unga teng keladigani topilmaydi, — dedi. Shunda xalq: — Yashasin shoh! — deb hayqirdi. Shomuil shohlikning qonun–qoidalarini xalqqa aytib berdi. Bularni kitob holiga keltirib muqaddas joyga qo‘ydi. Keyin hamma odamni uy–uylariga jo‘natib yubordi. Shoul ham Givoga — o‘z uyiga ketdi. Xudo ruhlantirgan bir necha kishi unga hamroh bo‘ldi. Ammo ba’zi yaramas odamlar: “U bizni qutqara olarmidi?!” deb Shoulni nazarlariga ilmadi, shu sababdan unga in’omlar tortiq qilishmadi. Shoul esa bilib bilmaslikka olib qo‘ya qoldi. Ommon shohi Naxosh Giladdagi Yobosh shahriga kelib, u yerni qamal qildi. Hamma Yoboshliklar Naxoshga: — Biz sen bilan sulh tuzib, senga itoat etamiz, — deyishdi. Ommon shohi Naxosh: — Faqat bir shart bilan sulh tuzaman, — dedi. — Har biringizning o‘ng ko‘zingizni o‘yib olaman–da, butun Isroil xalqini badnom qilaman. Yobosh shahrining oqsoqollari Naxoshga shunday deyishdi: — Bizga yetti kun muhlat ber, Isroilning hamma hududiga xabarchilar jo‘nataylik. Agar bizga najot beradigan kimsa chiqmasa, senga taslim bo‘lamiz. Xabarchilar Shoul yashaydigan Givo shahriga kelib, bo‘layotgan voqealarni xalqqa bildirishdi. Hammasi yig‘i–sig‘i qilib, dod–faryod soldi. Xuddi shu payt Shoul ho‘kizlarini oldiga solib daladan qaytayotgan edi. Shoul: — Odamlarga nima bo‘ldi? Nega bunchalik yig‘laydi? — deb so‘radi. Yoboshliklarning jo‘natgan xabarini unga aytib berishdi. Shoul bu gaplarni eshitgan zahoti, Xudoning Ruhi uni qamrab oldi. Shoul qattiq g‘azablandi. Bir juft ho‘kizni so‘yib, nimtaladi. Xabarchilar orqali Isroilning hamma tomoniga o‘sha nimtalangan bo‘laklarni jo‘natib, shunday dedi: “Kimki Shoul bilan Shomuilning orqasidan ergashmasa, o‘sha odamning ho‘kizlari ham xuddi shu ahvolga tushadi.” Odamlar Egamizdan qo‘rqqanidan zir titrab, bir yoqadan bosh chiqarib yo‘lga chiqdi. Shoul ularni Bazaxda yig‘di. Isroil urug‘laridan 300.000, Yahudo urug‘idan esa 30.000 kishi bor edi. U yerga kelgan Yoboshlik xabarchilarga shunday deyishdi: — Giladdagi Yobosh aholisiga, ertaga kun tikkaga kelganda najot topasizlar, deb aytinglar. Xabarchilar borib, bu gapni yetkazishdi. Yoboshliklar quvonib ketishdi. Naxoshga esa: — Ertaga sizga taslim bo‘lamiz, bizga nimani lozim ko‘rsangiz, shuni qilavering, — deyishdi. Ertasi kuni Shoul odamlarni uch qismga bo‘ldi. Ular tong payti Ommon lashkarining qarorgohiga bostirib kirishdi. Kunning jazirama issig‘i boshlanguncha, ularni mag‘lub qilib bo‘lishdi. Omon qolganlari shunday tirqirab qochdiki, hatto biron joyda ikki kishi to‘planganini uchratib bo‘lmasdi. Isroil lashkari Shomuilning oldiga borib: — “Bizga shohlik qilish Shoulga tushib qolibdimi?” deganlar kimlar edi? Olib keling ularni, o‘ldiramiz! — deb qattiq talab qilishdi. Shoul esa: — Bugun biron kimsa o‘ldirilmaydi, chunki Egamiz bugun Isroilga najot berdi, — dedi. — Mayli, Gilgalga boramiz, o‘sha yerda shohlikni yangidan tiklaymiz, — dedi Shomuil xalqqa. Shunday qilib, butun xalq Gilgalga bordi va Egamiz huzurida Shoulning shohligini tasdiqladi. O‘sha yerda — Egamizning huzurida tinchlik qurbonliklari keltirishdi. Shoul va butun Isroil xalqi rosa xursandchilik qilishdi. Shundan keyin Shomuil butun Isroil xalqiga dedi: — Menga nima gapirgan bo‘lsangiz, hammasiga quloq soldim. Sizlarning ustingizdan bir shoh tayinladim. Endi u sizlarga rahnamolik qiladi. Men esa keksaydim, sochim oqardi. Mana, o‘g‘illarim ham sizlar bilan birga. Yoshligimdan buyon shu kungacha sizlarga yo‘lboshchilik qildim. Qani, aytinglar–chi, qaysi biringizning ho‘kizingizni oldim? Kimning eshagini tortib oldim? Kimni tovladim? Kimga zulm qildim? Kimdan pora olib, uning ayblarini ko‘rib–ko‘rmaslikka oldim? Egamizning va U moy surtib tanlagan shohning oldida men haqimda guvohlik bering, sizlardan biror narsa olgan bo‘lsam, qaytarib beray. — Bizni tovlamadingiz, bizga zulm qilmadingiz, biror kimsaning qo‘lidan biron narsa olmadingiz, — dedi xalq. — Mendan biror nuqson topmaganingizga bugun Egamiz hamda U moy surtib tanlagan shoh guvohdir, — dedi Shomuil. — Ha, guvoh bo‘lib turibdi, — dedi xalq. Shomuil gapini davom ettirdi: — Muso bilan Horunni tayin qilgan, ota–bobolaringizni Misr yurtidan olib chiqqan — Egamizdir. Endi shu yerda turinglar, Egamizning sizlarga va ota–bobolaringizga najot berish uchun qilgan hamma ajoyibotlarining isbotini Uning huzurida sizlarga ko‘rsataman. Yoqub Misrga kelgandan keyin, ota–bobolaringiz Egamizga yolvordi, U esa Muso bilan Horunni yubordi. Ular ota–bobolaringizni Misrdan olib chiqib, bu yerda joylashtirdi. Ammo ota–bobolaringiz o‘zlarining Egasi Xudoni unutishdi. Shuning uchun Egamiz ularni Xazor shohining lashkarboshisi Sisaroning, Filistlarning va Mo‘ab shohining qo‘liga topshirdi. Ular ota–bobolaringiz bilan urishishdi. Ota–bobolaringiz Egamizga: “Gunoh ishlar qildik, Sendan yuz o‘girib, Baal bilan Ashtaretga xizmat qildik, endi bizni g‘animlarimizning qo‘lidan ozod et, senga xizmat qilamiz”, deb yolvorishdi. Egamiz esa Gido‘n, Baraq, Yiftox, Shimsho‘n singari hakamlarni yubordi. Bexavotir yashanglar, deb sizlarni bo‘ysundirgan g‘animlaringiz qo‘lidan ozod etdi. So‘ngra Ommon shohi Naxosh sizlarga hujum qilmoqchi bo‘lganini ko‘rib, qo‘rqib ketdingiz. O‘z Egangiz Xudo sizlarning shohingiz bo‘lsa ham, menga: “Yo‘q, bizni oddiy shoh boshqarsin”, deb turib oldingiz. Mana, tanlab, tilab olgan shohingiz! Ha, Egamiz ustingizdan hukmronlik qiladigan bir shohni berdi. Egamizdan qo‘rqib, Unga xizmat qilinglar, Uning so‘zlariga quloq solib, amrlaridan bo‘yin tovlamanglar. O‘zlaringiz, hukmronlik qiladigan shohingiz o‘z Egangiz Xudoga ergashinglar. Agar shunday qilsangizlar, hammasi yaxshi bo‘ladi. Egamizning so‘zlariga itoat etmasdan, Uning amrlariga qarshi chiqsangiz, Egamiz ota–bobolaringizni jazolaganiday, sizlarni ham jazolaydi. Endi turgan yeringizda turavering, ko‘z o‘ngingizda Egamizning ajoyibotini ko‘ringlar. Hozir bug‘doy o‘rimi payti, qurg‘oqchilik boshlandi. Men Egamizga iltijo qilaman, U momaqaldiroq guldiratib, yomg‘ir yog‘diradi. Shunday qilib, sizlar bir shoh so‘rash bilan Egamiz oldida qanchalik qabihlik qilganingizni yaxshilab tushunib olasiz. Shomuil Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz o‘sha kuni momaqaldiroq gumburlatib, yomg‘ir yog‘dirdi. Jamiki xalq Egamizdan ham, Shomuildan ham juda qo‘rqib ketdi. Ular Shomuilga: — Nobud bo‘lmaylik. Biz, qullaringiz, uchun o‘z Egangiz Xudoga iltijo qiling, — deyishdi. — Endi bildik, biz bir shoh so‘rab, butun gunohlarimiz ustiga yana gunoh qilibmiz. Shomuil xalqqa dedi: — Qo‘rqmanglar, sizlar bu qilmishlaringiz bilan qabihlik qildilaringiz, lekin endi Egamizdan yuz o‘girmasdan Unga ergashinglar. Unga butun qalbingiz bilan xizmat qilinglar. Biror kimsaga najot berolmaydigan yaroqsiz butlarning orqasidan ergashmanglar, ular befoyda narsalar–ku, axir. Egamiz sizlarni O‘zining xalqi qildi. U O‘zi tanlagan xalqdan yuz o‘girmaydi. Aks holda O‘zining ulug‘ ismini badnom qilgan bo‘ladi. Endi menga kelsak, albatta Egamizga sizlar uchun ibodat qilaman. Aks holda Unga qarshi gunoh qilgan bo‘laman. Bundan Xudo saqlasin! Sizlarga faqat to‘g‘ri va yaxshi yo‘lni ko‘rsataman. Faqat Egamizdan qo‘rqinglar, Unga butun qalbingiz bilan ishonib xizmatda bo‘linglar. Qarang, U sizlar uchun qanday ajoyib ishlar qilgan! Agarda qabihlik qilaversangizlar, Egamiz sizlarni ham, shohingizni ham yo‘q qiladi. Shoh Shoul o‘ttiz yoshida taxtga o‘tirib, Isroilda qirq ikki yil shohlik qildi. U Isroil lashkaridan uch mingta odam saralab olib, qolganlarini uylariga jo‘natib yubordi. O‘sha uch mingtadan ikki mingtasini Mixmash va Baytil qirlariga joylashtirdi, mingtasini esa Benyamin urug‘iga qarashli Givo shahriga — Yo‘natanning ixtiyoriga yubordi. Oradan ko‘p o‘tmay, Yo‘natan Filistlarning G‘ibo shahridagi qo‘nolg‘asini mag‘lub qildi. Bu xabar Filistlar orasida tezda tarqaldi. Shoul: “ Ibroniylar bu hodisadan xabardor bo‘lsin”, deb butun o‘lka bo‘ylab burg‘u chaldirdi. Shunday qilib, Shoul Filistlar qo‘nolg‘asini yengganini va Filistlar Isroil xalqidan nafratlanganini Isroil xalqining hammasi bildi. So‘ng lashkar Gilgalda Shoulning atrofiga to‘plandi. Filistlar ham Isroil lashkari bilan urishmoq uchun yig‘ilishdi. Uch mingta jang arava, olti mingta otliq sipoh va dengiz qirg‘og‘idagi qum singari son–sanoqsiz lashkar yo‘lga chiqib, Bayt–Obun shahrining sharqidagi Mixmashga keldi. Ular o‘sha yerda qarorgoh qurishdi. Isroil lashkarining ahvoli og‘irlashib, qiynalib qoldi va ular g‘orlarga, xandaqlarga, qoyalar orasiga, qabrlarga, sardobalarga yashirindilar. Ibroniylarning ayrimlari esa Iordan daryosi sharqidagi Gad va Gilad yerlariga kechib o‘tishdi. Shoul u vaqtda hali ham Gilgalda edi. Unga ergashganlarning hammasi qo‘rqib ketishdi. Shomuil Shoulga: “Meni yetti kun kut”, deb aytgani uchun, uni Gilgalda yetti kun kutib turdi. Shomuil Gilgalga kelavermagach, lashkar endi Shoulning yonidan qocha boshladi. Shuning uchun Shoul: — Kuydiriladigan qurbonlik bilan tinchlik qurbonliklarini menga olib kelinglar, — deb buyurdi. Keyin u kuydiriladigan qurbonliklarni nazr qildi. Shoul qurbonlikni kuydirib bo‘lgan ham ediki, Shomuil kelib qoldi. Shoul, unga salom beray, deb peshvoz chiqdi. — Nima qilib qo‘yding?! — dedi Shomuil. — Odamlarim mening yonimdan qochib ketyapti, — dedi Shoul. — Siz esa belgilangan kuni kelmadingiz. Buning ustiga, Filistlar Mixmashda to‘planib turishibdi. Ularni ko‘rib, endi Filistlar Gilgalga ustimga bostirib keladi, men esa hanuzgacha Egamdan yordam so‘rab iltijo qilmadim, deb o‘yladim. Shundan keyin kuydiriladigan qurbonlikni qilishga majbur bo‘ldim. Shomuil Shoulga dedi: — Nodonlarcha ish tutibsan, o‘z Egang Xudoning senga bergan amriga itoat etmading. Bo‘lmasa, Egam Isroil ustidan shoh bo‘lishingni to abad mustahkamlagan bo‘lardi. Endi sening shohliging uzoqqa bormaydi. Egam O‘z ko‘ngliga mos bittasini topdi, Mening xalqimni sen boshqarasan, deb o‘shani tayinladi. Chunki sen Egamning amriga itoat qilmading. Shundan so‘ng Shomuil Gilgaldan chiqib, Benyamin urug‘iga qarashli Givo shahriga jo‘nab ketdi. Shoul yonida qolgan odamlarni sanab chiqdi, hammasi bo‘lib taxminan olti yuz kishi ekan. Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natan, ularning lashkari Benyamin qabilasiga qarashli G‘iboda joylashdilar. Filistlar esa Mixmashda qarorgoh qurgan edilar. Filistlarning ilg‘orlari uch guruhga bo‘linib, Isroil qishloqlarini talash uchun qarorgohdan chiqishdi. Guruhlardan biri Shuvol hududidagi O‘fra shahri tomonga, ikkinchisi Bayt–Xo‘ron shahri tomonga, uchinchisi esa cho‘l tomonga — Zavo‘m vodiysi ko‘rinib turgan chegara adirga yo‘l oldi. Filistlar: “Ibroniylar qilich, nayza yasay olmasin”, deb butun Isroil yurtida birorta ham temirchi qoldirmagan edilar. Shuning uchun hamma Isroil xalqi omoch tishlarini, cho‘kichlarini, bolta va o‘roqlarini o‘tkirlash uchun Filistlarning oldiga borar edilar. Omoch tishi bilan cho‘kichni o‘tkirlash bahosi ikki misqol kumush, panshaxa, bolta va temir uchli govronni o‘tkirlash bahosi bir misqol kumush edi. Shu sababdan Shoul bilan Yo‘natanning jangchilaridan birortasida qilich yoki nayza yo‘q edi, faqat Shoul va uning o‘g‘lida bor edi, xolos. Bu paytga kelib, Filistlar qo‘nolg‘asini Mixmash dovonida joylashtirgan edilar. O‘sha kuni Shoulning o‘g‘li Yo‘natan yoshgina qurolbardoriga: — Yur, narigi tomondagi Filistlarning qo‘nolg‘asi turgan joyga o‘tamiz, — dedi. Ammo bu haqda otasiga hech narsa aytmadi. Shoul Givo shahri yaqinidagi Migronda bir anor daraxti tagida o‘tirar, yonida olti yuztacha odamdan iborat lashkari bor edi. Efod ko‘tarib yurgan ruhoniy Oxiyo ham o‘sha yerda edi. Oxiyoning otasi — Oxitob, Oxitobning akasi — Ixabod edi. Ixabod — Finxazning o‘g‘li, Finxaz esa Shilo‘da Egamizning ruhoniysi bo‘lib xizmat qilgan Elaxning o‘g‘li edi. Odamlar Yo‘natanning ketganini sezmay qolgan edilar. Yo‘natan Filistlar qo‘nolg‘asiga dovon orqali o‘tmoqchi bo‘ldi. Dovonning har ikki tomonida ikkita baland cho‘qqi bor edi. Birisi — Bozaz, boshqasi Sanex deb atalardi. Cho‘qqilardan biri shimol tomonda bo‘lib, Mixmashga, ikkinchisi janubda bo‘lib, Givoga qaragan edi. Yo‘natan yosh qurolbardoriga: — Yur, o‘sha sunnatsizlarning qo‘nolg‘asi tomonga o‘taylik, Egamiz bizga yordam beradi, — dedi. — U ko‘pchilik bilan ham, ozchilik bilan ham g‘alabaga erishtiraveradi. Chunki Egamiz uchun to‘sqinlik yo‘q. — Siz nima desangiz, shu–da, — dedi qurolbardor. — Bo‘pti, boramiz. Ko‘nglingizga nima ma’qul kelsa, men ham siz bilan birgaman. — Biz anavi odamlarga o‘zimizni ko‘rsatamiz, — dedi Yo‘natan. — Agar ular bizni ko‘rgach: “Yoningizga borgunimizcha, o‘sha yerda to‘xtab turinglar”, deb aytsa, aytgan joyida to‘xtab turamiz, ularning oldiga bormaymiz. Bordi–yu: “Yonimizga kelinglar”, desa boramiz. Ana shunda Egamiz Filistlarni bizning qo‘limizga berganini bilamiz, bizga alomat shu bo‘ladi. Ikkovi Filistlarga ko‘rinish bergan edi, Filistlar: — Qaranglar, ibroniylar yashiringan xandaqlaridan chiqa boshlashdi! — deb qoldi. So‘ng Filistlar Yo‘natan bilan qurolbardoriga: — Bu yoqqa, kelinglar–chi, bir gaplashib qo‘yaylik, — deb baqirishdi. Yo‘natan qurolbardoriga: — Orqamdan yur, Egamiz ularni Isroil xalqining qo‘liga berdi, — dedi. Yo‘natan tirmashib qir tepasiga chiqa boshladi. Qurolbardori ham unga ergashdi. Oldidan kelgan Filistlarni Yo‘natan, orqadan kelganini qurolbardori o‘ldiraverdi. Yo‘natan bilan qurolbardori birinchi hujumdayoq kichkina maydonda yigirmatacha sipohni o‘ldirishdi. Hammani — qarorgohdagi va qirdagi odamlarni vahima bosdi. Sipohlar, hatto ilg‘orlar ham dag‘–dag‘ titrardi. Birdan yer tebrandi. Bu Xudo yuborgan dahshat edi. Shoulning Benyamin hududidagi Givo shahrida o‘rnashgan kuzatuvchilari Filistlarning yugur–yugurini ko‘rib qolishdi. Shoul yonidagi odamlarga: — Bilinglar–chi, oramizda kim yo‘q ekan, — dedi. Yo‘qlama qilgan edilar, Yo‘natan bilan uning qurolbardori yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shoul Oxiyoga: — Xudoning sandig‘ini olib kel, — dedi. (O‘sha paytda Xudoning sandig‘i Isroil xalqi bilan edi.) Shoul ruhoniy bilan gaplashayotgan paytda Filistlarning qarorgohidagi g‘ala–g‘ovur rosa avjiga chiqdi. Shuning uchun Shoul ruhoniyga: — Kerak emas, qo‘yaver! — dedi. O‘sha zahoti Shoul va yonidagi sipohlarining hammasi birga urush maydoniga ketishdi. U yerda katta g‘alayon bo‘layotgan edi, hamma bir–biriga qilich solardi. Shunda ilgari Filistlar tomonda bo‘lgan va ularning qarorgohiga kelgan ibroniylar ham safdan chiqib, endi Shoul bilan Yo‘natanning sipohlariga — Isroil sipohlariga qo‘shilib olishdi. Efrayim qirlarida yashirinib olganlar ham Filistlarning qochayotganini eshitib, ularni jang maydonidan quvlay boshladi. Shunday qilib, o‘sha kuni Egamiz Isroil lashkarini g‘alabaga erishtirdi. Urush Bayt–Obunning narigi tomonlarigacha yoyildi. O‘sha kuni Isroil lashkari juda ham holdan toydi, chunki Shoul ont ichib lashkariga shunday degan edi: “Dushmanlarimizdan o‘ch olmagunimizcha, oqshomga qadar kim bir luqma taom yesa, la’nati bo‘lsin!” Shuning uchun biror kimsa hech narsa yemadi. [25-26] Lashkar o‘rmonga borganda, yerda oqib yotgan asalni ko‘rdi, lekin Shoul ichirgan qasamdan qo‘rqib, birortasi asalga qo‘l tekkizmadi. *** Yo‘natan esa otasining lashkariga ont ichirganidan bexabar edi. Qo‘lidagi tayog‘ini uzatib, tayoq uchini asalari iniga botirdi. Asaldan ozgina tatib ko‘rgan edi, ko‘zlari chaqnab ketdi. Shu zahoti sipohlardan biri Yo‘natanga: — Otangiz lashkarga, bugun kim taom yesa, la’nati bo‘lsin, deb ont ichirgan edi, shuning uchun odamlar holdan toygan, — dedi. — Otam odamlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi, — dedi Yo‘natan. — Qaranglar, mana bu asaldan biroz tatib ko‘rgan edim, ko‘zlarim charaqlab ketdi. Bugun lashkarimiz g‘animlardan tortib olgan taomlardan to‘yib yesaydi, juda yaxshi bo‘lardi. O‘shanda Filistlarni mag‘lub qilish yanada oson bo‘larmidi?! O‘sha kuni Isroil lashkari Mixmash bilan Oyjavlon oralig‘idagi Filistlarni mag‘lub qildi. Qorni ochgan Isroil lashkari shu qadar holdan toydiki, oxiri ulardan o‘lja qilib olingan chorvalarga tashlanishdan o‘zga chora qolmadi. Qo‘y, mol, buzoqlarni shu yerning o‘zidayoq so‘yib, qonini oqizmasdan yeyaverishdi. — Qarang, lashkaringiz go‘shtni qoni bilan yeb, Egamizga qarshi gunoh ish qilyapti! — deb ahvolni Shoulga ma’lum qilishdi. — Xoinlik qildingizlar, hoziroq katta bir toshni bu yerga yumalatib olib kelinglar! — dedi Shoul. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Lashkar orasida yurib aytinglar, har bir odam moli, qo‘yini mening huzurimga olib kelib, shu yerda so‘yib, yesin. Go‘shtni qoni bilan yeb, Egamizga qarshi gunoh ish qilmanglar. O‘sha kuni kechasi har bir odam molini olib kelib, Shoulning oldida so‘ydi. Shoul Egamizga atab bir qurbongoh qurdi. Bu Shoulning Egamizga atab qurgan ilk qurbongohi edi. Keyin Shoul odamlariga aytdi: — Qani, shu kecha Filistlarni bir quvaylik. Tong otguncha mollarini tortib olamiz, birortasini sog‘ qoldirmaymiz. — Bir og‘iz so‘zingiz, — deb javob berishdi odamlar. — Avval Xudoning xohish–irodasini bilaylik, — deb qoldi ruhoniy. Shoul Xudodan: — Filistlarga hujum qilaveraymi? Ularni Isroil lashkarining qo‘liga tutib berasanmi? — deb so‘radi. Lekin Xudo o‘sha kuni javob bermadi. Shundan so‘ng Shoul dedi: — Isroilning hamma lashkarboshilari shu yerga kelishsin, bugun qanday gunoh qilinganini bilib olamiz. Isroilga najot beradigan Xudo shohid! Gunoh qilgan o‘g‘lim Yo‘natan bo‘lib chiqsa ham, albatta o‘ldiriladi. Biron kimsadan sado chiqmadi. Shoul o‘z odamlariga buyurdi: — Sizlar bir tomonda turinglar, o‘g‘lim Yo‘natan bilan men boshqa tomonda turamiz. — Bir og‘iz so‘zingiz, — deb javob berdi odamlar. Shoul Isroil xalqining Xudosi — Egamizga: — Ey, Egam! Aybsizni o‘zing oqla! — deb iltijo qildi. So‘ng qur’a tashlandi, qur’a Yo‘natan bilan Shoulga tushdi, odamlarning hammasi esa oqlandi. — Endi men bilan o‘g‘lim Yo‘natan orasiga qur’a tashlang, — dedi Shoul. Bu safar qur’a Yo‘natanga tushdi. Shoul Yo‘natandan: — Menga ayt–chi, nima qilding? — deb so‘radi. — Men qo‘limdagi tayoqning uchini asalga botirib olib, ozgina tatib ko‘rgan edim, endi men o‘limimga roziman, — deb javob berdi Yo‘natan. — Yo‘natan, agar seni o‘ldirtirmasam, Xudoning qahriga uchray, hatto undan battarrog‘iga uchray, — dedi Shoul. Ammo odamlar Shoulga e’tiroz bildirdi: — Isroilni ulug‘ zafarga erishtirgan Yo‘natanni o‘ldirmoqchimisiz? Aslo! Xudo shohid! Sochining bir tolasiga ham qo‘l tegmaydi. U bugun nima qilgan bo‘lsa, Xudoning madadi bilan qildi. Shunday qilib, odamlar Yo‘natanni o‘limdan qutqarib qoldi. Shundan so‘ng Shoul Filistlarni ta’qib qilmadi. Filistlar esa o‘z yerlariga qaytib ketishdi. Shoul Isroil shohi bo‘lgandan keyin atrofidagi barcha dushmanlari — Mo‘ab, Ommon, Edom xalqlari, Zo‘vo shohlari va Filistlar bilan urush qildi. Qayerga borsa, g‘alaba qildi. Mardona jang qilib Omolek xalqini mag‘lub qildi, Isroil xalqini talonchilarning qo‘lidan xalos qildi. Shoulning Yo‘natandan boshqa Ishbosit va Malkishuva ismli o‘g‘illari bor edi. Uning ikki qizi ham bo‘lib, kattasining ismi Merav, kichkinasiniki Mixal edi. Xotini Oxinavam edi. U Oximas deganning qizi edi. Shoulning amakisi Narning o‘g‘li Abnur lashkarboshi edi. Abnurning otasi Nar va Shoulning otasi Kish aka–uka edilar. Nar va Kishning otasi Abil edi. Shoul davrida Filistlar bilan doimo qaqshatqich urush bo‘lar edi. Shoul qayerda mard yoki jang qilishga mohir odamni ko‘rsa, o‘z qo‘shiniga olardi. Bir kuni Shomuil Shoulga shunday dedi: — Egamiz senga moy surtib, O‘z xalqi Isroilning shohi qilish uchun meni sening oldingga yuborgan edi. Endi Egamizning so‘zlarini eshit. Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Isroil xalqiga qilgan yovuzliklari uchun Omolek xalqini jazolayman. Chunki Isroil xalqi Misrdan chiqayotganda, Omolek xalqi ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygan edilar. Endi borib, Omolek xalqiga hujum qil. Ularga qarashli hamma narsani tamoman yo‘q qilib tashla, hech narsasini ayama. Erkagu ayol, bolayu chaqa, molidan tortib qo‘yigacha, tuyasidan tortib eshagigacha hammasini o‘ldir.” Shoul lashkarini Taloyim shahrida to‘plab sanab chiqdi. 200.000ta piyoda sipohi, Yahudodan ham 10.000ta sipohi bor ekan. Shoul Omolek xalqiga qarashli bo‘lgan shaharga borib, soylikda pistirma qo‘ydi. O‘sha yerdagi Xayin xalqiga quyidagi xabarni jo‘natdi: “Endi ketinglar, Omolek xalqini tark etinglar, tag‘in sizlarni ham ular bilan birga yo‘q qilib yubormayin. Isroil xalqi Misrdan chiqayotgan paytda, sizlar bizga yaxshilik qilgandingiz.” Shundan keyin Xayin xalqi Omolek xalqini tark etdi. Shoul Xaviladan Misrning sharqidagi Shurgacha bo‘lgan joylardagi Omolek xalqini tor–mor qildi. U Omolek shohi O‘gaxni tiriklayin qo‘lga olib, xalqini butunlay qirib tashladi. Shoul va uning odamlari O‘gaxni hamda uning eng yaxshi qo‘y–mollarini, buzoq–qo‘zilarini, jamiki yaxshi narsalarini ayab, saqlab qolishdi. Ularni butunlay yo‘q qilib tashlashni istashmadi. Faqat arzimas, nuqsonli hayvonlarini yo‘q qilishdi. Egamiz Shomuilga shu so‘zlarni ayon qildi: “Shoulni shoh qilib tayinlaganimga pushaymonman. U Mendan yuz o‘girdi, amrlarimni bajo qilmadi.” Shomuil xafa bo‘lib, tun bo‘yi Egamizga yolvorib chiqdi. Shomuil ertasi kuni saharda, Shoul bilan ko‘rishay, deb borsa, Shoul Karmil shahriga ketibdi. Bilsaki, u yerda o‘ziga bir yodgorlik o‘rnatibdi. Keyin Gilgalga qaytibdi. Shomuil Shoulning oldiga kelganda, Shoul: — Egamiz sizni yorlaqasin! Men Egamizning amrini ado etdim, — dedi. — Agar shunday bo‘lsa, qulog‘imga eshitilayotgan qo‘yning ma’rashi nimasi? Men eshitayotgan sigirning bo‘kirishi nimasi? — deb so‘radi Shomuil. — Odamlarim Omolek xalqining hayvonlarini tortib oldi, — dedi Shoul, — Egangiz Xudoga qurbonlik qilish uchun qo‘y, sigirlarning eng saralarini ayab, saqlab qolishdi. Qolganlarini esa butunlay qirib tashladik. — Shoshmay tur, bu kecha Egamizning menga nimalar aytganini senga bildirib qo‘yayin, — dedi Shomuil. — Ayting, — dedi Shoul. Shomuil gapida davom etdi: — O‘zingni kichik deb sanasang–da, Isroil xalqining yo‘lboshchisi bo‘lmadingmi?! Egamiz senga moy surtib tanlab, Isroilga shoh qilmadimi?! U senga: “Bor, o‘sha gunohkor Omolek xalqini butunlay qirib tashla, hammasini yo‘qotmaguningcha, ular bilan jang qil”, deb amr bergan edi–ku. Nega endi Egamizning amriga itoat etmading?! Nima uchun o‘ljaga tashlanib, Egamiz oldida qabihlik qilding?! — Axir, men Uning amrlariga itoat qildim–ku! — dedi Shoul. — Men, Egamiz amr berganiday, bordim. Omolek shohi O‘gaxni bu yerga olib keldim. Omolek xalqini esa butunlay qirib tashladim. Odamlarim Gilgalda Egangiz Xudoga qurbonlik qilaylik, deb qirib tashlanishi kerak bo‘lgan o‘ljadan eng sara mol–qo‘ylarni olishdi, xolos. Shomuil shunday javob berdi: “Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklardan ko‘ra, Egamiz O‘ziga itoat etganlardan shod bo‘lmasmi?! Ha, itoat etish — qurbonlik so‘yishdan yaxshi, Xudoga itoatkorlik — qo‘chqorlar yog‘idan a’loroqdir. O‘zboshimchalik — sehr–jodu singari gunoh, Itoatsizlik esa but–sanamga bosh egish bilan tengdir. Sen Egamizning amrini rad etding, Egamiz ham sening shohligingni rad etdi.” — Gunoh qildim! — dedi Shoul. — Ha, Egamizning amriga ham, sizning so‘zlaringizga ham xilof ish tutdim. Xalqdan hayiqqanim uchun, ularning gapiga kirdim. Endi yolvoraman: gunohimdan o‘ting, men bilan birga qaytib boring, Egamizga sajda qilayin. — Sen bilan bormayman, — dedi Shomuil. — Chunki sen Egamizning amrini rad etding, Egamiz ham, Isroilga shoh bo‘lmasin, deb seni rad etdi. Shomuil burilib, ketmoqchi bo‘lgan edi, Shoul uning ridosi etagidan ushlab qoldi. Rido yirtildi. — Rido yirtilgani singari, Egamiz ham bugun Isroil shohligini qo‘lingdan tortib olib, sendan ko‘ra, boshqa yaxshirog‘iga berdi, — dedi Shomuil. — Isroilning barhayot Xudosi yolg‘on so‘zlamas, fikrini ham o‘zgartirmas. U inson emaski, fikrini o‘zgartirsa. — Gunoh qildim, — dedi Shoul, — endi xalqimning oqsoqollari oldida, Isroil xalqi oldida meni beobro‘ qilmang. Shuning uchun men bilan birga qaytib boring, Egangiz Xudoga sajda qilayin. Shomuil Shoul bilan birga orqaga qaytib bordi. Shoul Egamizga sajda qildi. Shomuil: — Omolek shohi O‘gaxni mening oldimga olib kelinglar! — deb buyurdi. O‘gaxni bog‘langan holda, Shomuilning oldiga olib kelishdi. O‘gax o‘zicha: “O‘lim xavfi aniq o‘tib ketdi”, deb o‘yladi. Lekin Shomuil: — Qiliching ayollarni farzandidan qanday judo qilgan bo‘lsa, sening onang ham ayollar orasida befarzand bo‘lsin! — dediyu, O‘gaxni Egamizning oldida Gilgalda qilich bilan chopib tashladi. Shundan so‘ng Shomuil Ramaga, Shoul esa Givoga — uyiga ketdi. Shomuil umrining oxirigacha Shoulni boshqa ko‘rmadi, lekin u Shoulni deb g‘amgin bo‘lib yurdi. Egamiz esa Shoulni Isroil shohi qilganidan pushaymon edi. Egamiz Shomuilga aytdi: — Sen qachongacha Shoulni deb g‘amgin bo‘lib yurasan?! Shoul Isroil shohi bo‘lmasin, deb uni Men rad etdim. Qani, endi qo‘chqor shoxini moy bilan to‘ldirib, yo‘lga otlan. Seni Baytlahmlik Essayning uyiga jo‘nataman. Uning o‘g‘illaridan bittasini O‘zimga shoh qilib tanladim. — Qanday qilib boraman?! Shoul eshitib qolsa, meni o‘ldiradi–ku! — dedi Shomuil. — O‘zing bilan bitta buzoqchani olgin–da: “ Egamizga qurbonlik qilgani keldim”, deb ayt, — dedi Egamiz. — Essayni qurbonlikka taklif qil. O‘shanda nima qilishing kerakligini Men senga ayon qilaman, O‘zim senga ko‘rsatadigan odamning boshiga Mening nomimdan moy surtib, uni tanlaysan. Shomuil, Egamiz buyurganiday, Baytlahm shahriga ketdi. Shahar oqsoqollari uni qo‘rqib kutib olishdi va: — Tinchlikmi? — deb so‘rashdi. — Ha, tinchlik, — dedi Shomuil. — Egamizga qurbonlik qilgani keldim. O‘zlaringizni poklanglar, men bilan qurbonlik marosimiga borasizlar. So‘ng Essayni va uning o‘g‘illarini ham poklab qurbonlik marosimiga taklif qildi. Essay o‘g‘illari bilan kelgach, Shomuil Eliyobni ko‘rdiyu: “Egamiz oldida turgan bu odam, shubhasiz, Uning moy surtib tanlagan odamidir”, deb o‘yladi. Egamiz esa Shomuilga dedi: — Uning chiroyi va qomatdorligiga qarama. Men uni rad etdim, chunki Men insonlarday emasman. Insonlar tashqi ko‘rinishiga qaraydi, Men esa diliga qarayman. So‘ng Essay boshqa o‘g‘li Abunadovni chaqirib, Shomuilning oldidan o‘tkazdi. Lekin Shomuil: — Egamiz buni ham tanlamadi, — dedi. Shundan so‘ng Essay Shammoxni Shomuilning oldidan o‘tkazdi. Lekin u yana: — Egamiz buni ham saylamadi, — dedi. Shu tariqa Essay yettita o‘g‘lini Shomuilning oldidan o‘tkazdi. Ammo Shomuil: — Egamiz bulardan birortasini tanlab olmadi, — dedi. Nihoyat Shomuil Essaydan: — O‘g‘illaringning hammasi shularmi? — deb so‘radi. — Yana eng kenjasi bor, qo‘y boqyapti, — dedi Essay. — Birortasini jo‘nat, uni chaqirib kelsin, — dedi Shomuil. — O‘sha o‘g‘ling bu yerga kelmaguncha, taom yemoqqa o‘tirmaymiz. Essay bittasini yuborib, o‘g‘lini oldirib keldi. U chiroyli, kelishgan yigit bo‘lib, ko‘zlari yonib turardi. — Qani, uning boshiga moy surtib tanla! Men tanlagan odam shu! — dedi Egamiz Shomuilga. Shomuil moy solingan shoxni oldi–da, akalarining ko‘z o‘ngida yigitning boshiga moy surtdi. O‘sha paytda Egamizning Ruhi Dovudni qamrab oldi va o‘sha kundan boshlab uni boshqaradigan bo‘ldi. Shomuil esa Ramaga qaytib ketdi. Egamizning Ruhi Shoulni tark etdi. Egamiz yuborgan yovuz ruh uni qiynar edi. — Bilamiz, Xudo yuborgan yovuz ruh sizni qiynaydi, — deyishdi xizmatkorlar Shoulga. — Janobi oliylari biz, qullariga amr bersalar, lirani yaxshi chaladigan odamni topib kelar edik. Xudo yuborgan yovuz ruh sizni tutib qolganda, u lira chaladi, siz esa yengil tortasiz. Shoul xizmatkorlariga: — Mayli, lirani yaxshi chaladigan birortasini topib, mening huzurimga olib kelinglar, — deb buyurdi. — Baytlahmlik Essayning o‘g‘illaridan birini ko‘rgan edim, — dedi yigitlardan bittasi. — Lirani yaxshi chalar ekan. Buning ustiga, jasur jangchi, gaplari ma’nili, o‘zi ham kelishgan yigit. Egamiz u bilan. Shoul Essayga: “Qo‘y boqib yurgan o‘g‘ling Dovudni mening huzurimga yubor”, deb xabarchi jo‘natdi. Essay non, bir mesh sharob va bitta uloqchani bitta eshakka yuklab berib, o‘g‘li Dovudni Shoulning huzuriga yubordi. Dovud Shoulning huzuriga kelib, uning xizmatiga kirdi. Dovudga Shoulning qattiq mehri tushib qoldi, uni o‘ziga qurolbardor qilib oldi. Shoul Essayga: “Ijozat bersang, Dovud mening xizmatimda qolsin, undan juda mamnunman”, degan xabarni jo‘natdi. O‘sha kundan boshlab Xudo yuborgan yovuz ruh Shoulni qiynaganda, Dovud lirani olib chalar, Shoul o‘ziga kelib rohatlanar, yovuz ruh Shouldan chekinardi. Filistlar, jang qilamiz, deb lashkarini to‘plab, Yahudo hududidagi So‘xo‘ shahrida yig‘ilishdi. So‘xo‘ va Ozikah shaharlari orasidagi Efes–Dammim degan joyda qarorgoh qurishdi. Shoul ham Isroil lashkarini to‘pladi. Elox vodiysida qarorgoh qurib, Filistlarga qarshi jangga tayyorlandi. Bir tepalikni Filistlar, boshqa tepalikni Isroil lashkari egalladi. Ikkala tomonning o‘rtasi vodiy edi. Filistlar safidan Go‘liyot degan bir pahlavon o‘rtaga chiqdi. U Gat shahridan edi. Bo‘yi olti tirsagu bir qarich bo‘lib, boshiga bronza qalpoq, ustiga bronza sovut kiyib olgan edi. Sovutning og‘irligi uch yarim pud edi. Boldirlari bronza zirhlar bilan o‘ralgan edi. Yelkasida otiladigan bronza nayzani ko‘tarib yurardi. Qo‘lidagi nayzaning sopi esa to‘quvchi dastgohining xodasiday kelar, nayza uchidagi temirning og‘irligi yarim pud edi. Go‘liyotning oldida qurolbardori uning katta qalqonini ko‘tarib yurardi. Go‘liyot o‘rnida turganicha, Isroil qarorgohiga qarab hayqirdi: — Biz bilan urishgani saf tortdingizlarmi?! Men Filistman, sizlar Shoulning qullarimisizlar, axir?! Orangizdan birortangizni tanlanglar–chi, u mening oldimga kelsin. Agar u men bilan olishib, meni yengib o‘ldira olsa, Filistlar sizlarning qulingiz bo‘ladi. Bordi–yu, men g‘olib kelib, uni o‘ldirsam, sizlar bizning qulimiz bo‘lasizlar, bizga bo‘ysunasizlar. So‘ng o‘sha Filist gapida davom etdi: — Bugun Isroil lashkarini sharmanda qilaman. Qani, birortasini chiqaring oldimga! Men bilan olishib ko‘rsin! Shoul va barcha Isroil lashkari Filistning gaplarini eshitgach, qattiq qo‘rqib, vahimaga tushib qoldilar. Dovud Yahudo hududidagi Baytlahm shahridan — Efratlik Essay degan odamning o‘g‘li edi. Essayning sakkizta o‘g‘li bor edi. Shoulning shohligi davrida Essay ancha keksayib qolgan edi. Essayning katta o‘g‘illaridan uchtasi Shoul bilan birga urushga ketgan edi. Urushga ketgan to‘ng‘ich o‘g‘lining oti Eliyob, o‘rtanchasiniki Abunadov, uchinchisiniki Shammox edi. Dovud kenja o‘g‘il edi. Uning uchta katta akasi esa Shoul bilan birga edi. Shu paytda Dovud vaqti–vaqti bilan Shoulning oldidan Baytlahmga otasining qo‘ylarini boqqani kelib turardi. Filist Go‘liyot qirq kun mobaynida ertayu kech o‘rtaga chiqib urushga da’vat qildi. Bir kuni Essay o‘g‘li Dovudga shunday dedi: — Mana bu qovurilgan bir tog‘ora bug‘doy bilan anavi o‘nta nonni olginu tezda qarorgohga, akalaringning oldiga jo‘na. Mana bu o‘n bo‘lak pishloqni esa mingboshiga olib bor. Akalaringning ahvolini bil va yaxshi yurganlarini bildiradigan birorta nishona olib kel. Akalaring Shoul lashkari bilan birga Elox vodiysida Filistlarga qarshi urishyaptilar. Ertasi kuni Dovud saharda turdi. Suruvni bir cho‘ponga qoldirdi. Otasi buyurganiday, oziq–ovqatlarni olib yo‘lga chiqdi. Jang maydoniga yetib borgan paytda sipohlar jangga da’vat qilinib, qarorgohdan urishgani chiqayotgan ekanlar. Isroil lashkari bilan Filistlar bir–birlariga ro‘para bo‘lib, saf tortdilar. Dovud keltirgan narsalarini orqadagi qo‘riqchiga qoldirib, safga tomon yugurdi. Akalarining yoniga borib, ular bilan salomlashdi. Dovud ular bilan gaplashib turganda, Gat shahridan bo‘lgan Filist — pahlavon Go‘liyot o‘z lashkari safidan o‘rtaga chiqib, oldingi gaplarini takrorladi. Dovud uning gaplarini eshitdi. Isroil lashkari Go‘liyotni ko‘rishdiyu, qattiq qo‘rqib birdaniga qochib qolishdi. Ular bir–birlariga shunday derdilar: — Anavi odamga qaranglar! U Isroilni haqorat qilyapti. Kim uni o‘ldirsa, shoh unga katta boylik hadya qilar ekan, qizini ham berar ekan. O‘sha odamning otasi xonadonini ham Isroilga soliq to‘lashdan ozod qilar ekan. Dovud yonidagilardan so‘radi: — Bu Filistni o‘ldirib, Isroilni sharmandalikdan xalos qilganga shoh nima beradi? Bu sunnatsiz Filist kim bo‘libdiki, barhayot Xudoning qo‘shinini haqorat qiladi?! — O‘sha odamni kim o‘ldirsa, falon–falon narsalar tortiq qilinadi, — deb sipohlar oldingi gaplarini takrorladilar. To‘ng‘ich akasi Eliyob Dovudning sipohlar bilan gaplashib turganini ko‘rib achchiqlandi: — Bu yerda nima qilib yuribsan? O‘sha besh–oltitagina qo‘yimizni cho‘lda kimga qoldirib kelding? Sening qanchalik manmanligingni, niyating yomonligini bilaman. Sen faqat urushni tomosha qilgani kelgansan. — Men nima qilibman?! So‘rab ham bo‘lmaydimi?! — dedi Dovud. So‘ngra boshqa sipohga qarab, yana o‘sha gapni so‘radi. Sipohlar avvalgiday bir xil javob berishdi. Sipohlar Dovudning gaplarini eshitib, Shoulga yetkazishdi. Shoul Dovudni chaqirtirdi. Dovud Shoulga dedi: — O‘sha Filistni deb hech kimning ruhi tushmasin. Men, qulingiz borib, u bilan olishaman. — Tentaklik qilma, bu Filistga bas kelolmaysan. Sen juda yoshsan, u esa yoshligidan beri jangchi, — dedi Shoul. — Men otamning suruvini boqardim, — deb javob berdi Dovud. — Sher yoki ayiq kelib, suruvdan birorta qo‘zini olib qochsa, orqasidan quvib, unga hujum qilardim. Qo‘zini o‘sha hayvonning og‘zidan tortib olardim. Bordi–yu, sher yoki ayiq menga tashlansa, yolidan ushlardimu, urib o‘ldirardim. Men sherni ham, ayiqni ham o‘ldirganman. Anavi sunnatsiz Filistning boshiga o‘shanday kunni solaman. Chunki u barhayot Xudoning qo‘shinini haqorat qildi. Meni sher, ayiqning panjasidan xalos qilgan Egamiz o‘sha Filistning qo‘lidan ham xalos qiladi. — Mayli bor, Xudo yor bo‘lsin, — dedi Shoul. So‘ng u o‘zining jang kiyimlarini Dovudga berdi, boshiga bronza qalpoq, egniga sovut kiydirdi. Dovud shohning sovutlarini kiyib, ustidan qilichini bog‘lab, yurmoqchi bo‘ldi. Lekin u bunaqa kiyimlarga ko‘nikmagan edi. — Bu kiyimlar bilan yura olmayapman, ko‘nikmaganman, — dedi Dovud Shoulga. So‘ng kiyimlarni yechib tashladi. Dovud tayog‘ini olib, soylikdagi irmoqdan beshta silliq tosh terib oldi. Toshlarni yonidagi cho‘pon xaltasiga soldi–da, palaxmonini olib to‘g‘ri Go‘liyotga tomon yurdi. Go‘liyot va uning qalqonini ko‘tarib boradigan qurolbardori oldinda, to‘xtamay Dovudga qarab yurdilar. Go‘liyot Dovudga boshdan–oyoq razm soldi. Chiroyli, kelishgan yigit ekan, deb yoshgina bo‘lgani uchun uni mensimadi. — Men ko‘ppakmidimki, ustimga tayoq bilan kelyapsan? — dedi–da, o‘z xudolarining nomi bilan Dovudga qarg‘ish yog‘dirdi. — Kelaver, tanangni ko‘kdagi qushlarga, dashtdagi yirtqichlarga yem qilaman, — dedi Filist. Dovud esa shunday javob qaytardi: — Sen qilich, nayzayu xanjarlar bilan ustimga bostirib kelyapsan. Men esa sen haqoratlagan Isroil lashkarining Xudosi, Sarvari Olamning nomi bilan qurollanib ustingga bostirib boryapman. Bugunning o‘zida Egamiz seni mening qo‘limga beradi. Seni o‘ldirib, boshingni tanangdan judo qilaman. Bugunning o‘zida Filist lashkarining jasadlarini ko‘kdagi qushlarga, dashtdagi yirtqichlarga yem qilaman. Shunda Isroilda Xudoning borligini butun yer yuzi bilib oladi. Egamiz qilichu nayza bilan najot bermasligini butun jamoa bilib oladi, chunki bu urushda Egamizning O‘zi jang qiladi. U sizlarni bizning qo‘limizga beradi. Go‘liyot Dovudga tashlanmoqchi bo‘lib, to‘g‘ri unga qarab yurdi. Dovud ham u bilan olishish uchun Filistlar safi tomon tez yugurib ketdi. Qo‘lini xaltasiga solib, bitta toshni oldi–da, palaxmonga solib otdi. Tosh Filistning qoq peshanasiga tegib o‘yib kirdi. Filist yuz tuban yerga yiqildi. Shunday qilib, Dovud Filistni palaxmonu bitta tosh bilan mag‘lub qildi. Qo‘lida qilich bo‘lmasa ham, uni o‘ldirib, yerga cho‘ziltirib tashladi. So‘ng yugurib bordi–yu, Go‘liyotni bosib oldi. Uning qilichini qinidan sug‘urib oldi–da, boshini kesib tashlab, butunlay bir yoqli qildi. O‘zlarining pahlavoni Go‘liyotning o‘lganini ko‘rgan Filistlar tumtaraqay qocha boshladilar. Isroil bilan Yahudo lashkari qo‘zg‘aldiyu, na’ra tortib, Filistlarni Gat va Exron ostonalarigacha quvlab bordi. Sharayimdan Gat va Exron shaharlarigacha boradigan yo‘lda Filistlarning jasadlari cho‘zilib qoldi. Filistlarni quvib yuborgandan keyin, Isroil lashkari orqaga qaytib Filistlar qarorgohini talon–taroj qilishdi. Dovud Go‘liyotning boshini olib, Quddusga keltirdi, qurol–aslahasini esa o‘z uyiga qo‘ydi. Shoul Dovudning Go‘liyot bilan olishuvga chiqqanini ko‘rganda, u lashkarboshi Abnurdan: — Abnur, bu yigitcha kim? — deb so‘radi. — To‘g‘risi, shohim, bilmayman, — dedi Abnur. — Bo‘lmasa bil–chi, bu yigit kimning o‘g‘li ekan, — deb buyurdi shoh Shoul. Dovud Go‘liyotni o‘ldirib, qarorgohga endi kirgan ham ediki, Abnur Dovudni yetaklab Shoulning huzuriga olib keldi. Go‘liyotning kesilgan boshi hali Dovudning qo‘lida edi. — Kimning o‘g‘lisan, yigitcha? — deb so‘radi Shoul. — Baytlahmlik qulingiz Essayning o‘g‘liman, — deb javob berdi Dovud. Shoul bilan Dovudning suhbati endi tugagan ham ediki, Yo‘natanning ko‘ngli Dovudga bog‘landi, Yo‘natan uni o‘z joni kabi aziz ko‘rdi. O‘sha kundan boshlab Shoul Dovudni yonida olib qoldi, otasining uyiga qaytib ketishiga ijozat bermadi. Yo‘natan Dovudni o‘z joniday aziz ko‘rgani uchun u bilan ahd qildi. Ustidagi kiyimini yechib berdi, sovuti, qilichi, kamoni va kamarini ham Dovudga hadya qildi. Shoul Dovudni qayerga jo‘natmasin, Dovud muvaffaqiyatga erishdi. Shu bois Shoul unga qo‘shinidagi katta lavozimni berdi. Bu voqeadan barcha xalq ham, Shoulning xizmatkorlari ham xushnud bo‘lishdi. Dovud Go‘liyotni o‘ldirgandan keyin, lashkar o‘z uylariga qaytayotgan edi. Isroilning hamma shaharlaridan kelgan ayollar childirma va torli musiqa asboblarini chalib, o‘yin–kulgi qilib, shoh Shoulni kutib olgani chiqishdi. Yayrab–o‘ynasharkan, shu qo‘shiqni aytishardi: “Shoul minglarchasini o‘ldirdi, Dovud esa o‘n minglarchasini!” Bu so‘zlar Shoulga og‘ir botdi, uning g‘ashini keltirdi. “Dovudga o‘n mingtasini, menga esa mingtasini berishdi! Unga shoh bo‘lishdan boshqa yana nima qoldi?!” deb o‘yladi. Shunday qilib, o‘sha kundan boshlab Shoul Dovudga yomon ko‘z bilan qaray boshladi. Ertasi kuni Xudo yuborgan yovuz ruh Shoulni qamrab oldi, u o‘z uyida jazavaga tushdi. Dovud har galgiday yana lira chalib o‘tirar, Shoulning qo‘lida nayza bor edi. U o‘zicha: “Dovudni nayza bilan urib devorga qoqib qo‘yaman”, deb nayzani unga qaratib otdi. Lekin Dovud ikki safar ham unga chap berib qutulib qoldi. Shoul Dovuddan qo‘rqardi. Chunki Egamiz Dovud bilan birga edi, Shoulni esa tark etgan edi. Shu sababli Shoul Dovudni yonidan uzoqlashtirdi, uni mingta sipohga bosh etib tayinladi. Dovud lashkarga bosh bo‘lib, jangga borardi. Egamiz Dovud bilan bo‘lgani uchun, u har qanday ishning uddasidan chiqardi. Dovudning katta muvaffaqiyatini ko‘rib, Shoul battarroq qo‘rqardi. Butun Yahudo va Isroil xalqi Dovudni yaxshi ko‘rardi, chunki Dovud ularning oldingi safida yurib, jangga borardi. Bir kun Shoul Dovudga dedi: — To‘ng‘ich qizim Meravni senga beraman. Faqat dovyurak bo‘lib, men uchun Egamizning urushlariga bosh bo‘l. Shoul: “Dovud mening qo‘lim bilan emas, Filistlarning qo‘li bilan o‘ldirilsin”, deb o‘ylardi. Dovud Shoulga: — Men o‘zim kim bo‘libman, yoki Isroilda oilam, otam xonadoni nima bo‘libdiki, shohga kuyov bo‘lsam?! — dedi. Shunday qilib, Shoulning qizi Merav Dovudga uzatiladigan bo‘ldi. Lekin Shoul qizini, Dovud qolib, Maxlalik Odriyolga turmushga berdi. Shoulning boshqa qizi Mixal esa Dovudga ko‘ngil qo‘ygan edi. Buni eshitgan Shoul xursand bo‘ldi. “Dovudga Mixalni beraman, qizimni berib, Dovudni tuzog‘imga ilintirib olaman, Filistlar esa uni o‘ldiradi”, deb o‘yladi. — Endi bu safar qulay fursat yetdi, menga kuyov bo‘lasan, — dedi Dovudga Shoul. Keyin Shoul a’yonlariga: — Dovudga, shoh sendan xursand, hamma xizmatkorlari ham seni yaxshi ko‘radi, shohga kuyov bo‘ladigan payting keldi, deb yashirincha aytinglar, — dedi. Shoulning a’yonlari bu gapni Dovudga yetkazishdi. Dovud esa shunday javob qaytardi: — Men kambag‘al, arzimas bir odam bo‘lsam, shohga kuyov bo‘lish, sizlar aytganday, osonmi?! A’yonlar, o‘z navbatida, Dovudning gaplarini Shoulga yetkazishdi. Shoul shunday amr berdi: — Dovudga, shoh g‘animlaridan o‘ch olmoqchi, shuning uchun qalinga yuzta Filistning sunnat terisidan boshqa narsa istamaydi, deb aytinglar. Shoul shu yo‘sinda Dovudning Filistlar qo‘liga tushib nobud bo‘lishini rejalashtirgan edi. A’yonlar Shoulning aytganlarini Dovudga yetkazishdi. Dovud, o‘shanda shohga kuyov bo‘lishga haqli bo‘lar ekanman–da, deb sevindi. Belgilangan kundan oldin, Dovud va uning odamlari borib, ikki yuzta Filistni o‘ldirdi. Dovud o‘ldirilgan Filistlarning sunnat terisini bitta ham qoldirmay, shohga keltirib berib, shohning kuyovi degan nomga munosib ishlarni bajardi. Shundan so‘ng Shoul qizi Mixalni Dovudga turmushga berdi. Shoul endi aniq bildiki, Egamiz Dovud bilan birga ekan, qizi Mixal ham Dovudni sevar ekan. Shunday qilib, Dovuddan yanada hadiksirab, umrining oxirigacha unga dushman bo‘lib qoldi. Filist beklari qachon hujum qilsalar, Dovud Shoulning boshqa lashkarboshilariga qaraganda ortiq zafarga erishardi. Shu sababdan Dovud katta shuhrat qozondi. Shoul o‘g‘li Yo‘natanga va hamma a’yonlariga, Dovud o‘ldirilsin, deb farmon berdi. Yo‘natan esa Dovudni juda yaxshi ko‘rardi. — Otam Shoul seni o‘ldirmoqchi, — deb u Dovudni ogohlantirdi. — Ertaga tong payti hushyor bo‘l, biror joyga borib yashirinib, jim o‘tir. Men esa sen yashiringan dalaga chiqib, otamning yonida bo‘laman, sen to‘g‘ringda u bilan gaplashaman. Biror xabar eshitsam, senga yetkazaman. Yo‘natan otasi Shoulga Dovudni maqtab shu gaplarni aytdi: — Shoh o‘z quli Dovudga qarshi gunoh qilmasinlar. Chunki u sizga hech qachon haqsizlik qilmagan. Har bir ishi bilan sizga katta foyda keltirgan. Jonini xavf ostiga qo‘yib, Filistni o‘ldirdi, Egamiz Dovud tufayli Isroil xalqini katta zafarga erishtirdi. Siz bularni ko‘rib sevindingiz. Shunday ekan, nega Dovudni bekordan–bekorga nobud qilmoqchisiz, begunohning qonini to‘kib gunoh qilmoqchisiz? Shoul Yo‘natanning gaplarini anglab: — Xudo shohid! Dovudning joniga hech kim qasd qilmaydi, — deb ont ichdi. Yo‘natan Dovudni chaqirtirib keldi va bo‘lib o‘tgan gap–so‘zlarni aytib berdi. So‘ng Dovudni Shoulning yoniga boshlab bordi. Dovud esa ilgarigiday shohning xizmatiga kirdi. Shu orada yana urush alanga oldi. Dovud urushga ketdi, u Filistlar bilan jang qilib, ularga shunday qattiq zarba berdiki, oxiri Filistlar Dovudning oldiga tushib qochib qolishdi. Bir kuni Shoul, nayzasi qo‘lida, uyida o‘tirardi, Dovud esa lira chalayotgan edi. Shu payt Egamiz yuborgan yovuz ruh Shoulni chulg‘ab oldi. Shoul nayzasi bilan Dovudni devorga mixlab qo‘ymoqchi bo‘ldi, lekin Dovud chap berib qoldi. Shoulning nayzasi devorga sanchilib qoldi. O‘sha tun Dovud yana qochib qutuldi. Shoul Dovudni erta tongda tutib o‘ldirmoqchi bo‘ldi, kuzatib turinglar, deb uning uyiga odamlarini jo‘natdi. Xotini Mixal Dovudga: — Bu kecha qochib qutulmasangiz, erta tongda sizni o‘ldirishadi, — dedi. Shunday qilib, Dovudni derazadan chiqarib yubordi. Dovud qochib qutuldi. Mixal butni olib, to‘shakka yotqizdi, bosh tomoniga esa echki junidan qilingan yostiq tashladi, ustini ko‘rpa bilan yopdi. Shoul yuborgan odamlar Dovudni tutib olib ketishga kelishdi. — Dovud kasal, — dedi Mixal ularga. So‘ng Shoul odamlarini yana jo‘natib: — Dovudni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘ringlar, uni to‘shagi bilan bu yerga olib kelinglar, o‘ldiraman, — deb buyurdi. Shoulning odamlari uyga kirdilar. Qarasalar, to‘shakda but, butning bosh tomonida echki junidan qilingan yostiq turibdi. — Nimaga meni aldab, g‘animimni qochirib yubording? — deb so‘radi Shoul Mixaldan. — Dovud: “Qo‘yib yubor meni, bo‘lmasa, seni o‘ldiraman”, dedi, — deb javob berdi Mixal. Qochib qutulgan Dovud Ramada yashayotgan Shomuilning yoniga ketdi. Shoul unga nima qilgan bo‘lsa, hammasini Shomuilga aytib berdi. Keyin Shomuil bilan birga Noyo‘t mahallasiga borib, o‘sha yerda qoldi. Dovud Ramaning Noyo‘t mahallasida ekan, degan xabar Shoulga yetib keldi. Shoul: “Dovudni tutib kelinglar”, deb odamlarini o‘sha yerga yubordi. Ular Shomuil boshchiligidagi payg‘ambarlar guruhining jo‘shib zikr tushayotganini ko‘rishdi. Shu payt Xudoning Ruhi Shoulning odamlarini ham qamrab oldi va ular ham jo‘shib zikr tushdilar. Shoul bo‘lib o‘tgan voqealarni eshitgach, boshqa odamlarini yubordi. Bu yuborilganlari ham jo‘shib zikr tushdilar. Shoul uchinchi bor yana odamlarini jo‘natdi, ular ham jo‘shib zikr tushdilar. Oxiri Shoulning o‘zi Ramaga qarab yo‘l oldi. Saxudagi katta sardoba bo‘yiga borib: — Shomuil bilan Dovud qayerda? — deb so‘radi. — Ramadagi Noyo‘t mahallasida, — dedi bittasi. Shoul Ramadagi Noyo‘t mahallasiga ketayotganda, Xudoning Ruhi uni ham qamrab oldi. Noyo‘tga borguncha yo‘lma–yo‘l jo‘shib zikr tushib ketdi. Kiyimlarini yechib tashlab, Shomuilning oldida ham jo‘shib zikr tushdi. Yerga yiqilganicha, bir kecha–kunduz yalang‘och ahvolda yotib qoldi. “Nahotki Shoul ham payg‘ambar bo‘lsa?!” degan matal ana shundan qolgan. Dovud Ramadagi Noyo‘t mahallasidan qochib, Yo‘natanning oldiga keldi. — Men nima qilibman? Aybim nima? Otangga qarshi nima gunoh ish qilibmanki, meni o‘ldirmoqchi bo‘ladi? — dedi Dovud unga. — Xudo saqlasin, o‘lmaysan! — dedi Yo‘natan. — Otam meni xabardor qilmay, xoh muhim bo‘lsin, xoh muhim bo‘lmasin, biror ish qilmaydi. Nimaga endi buni mendan yashirsin?! Hech narsa bo‘lmaydi. Dovud yana ont ichib dedi: — Sen meni yaxshi ko‘rasan, buni otang ham yaxshi biladi. Yo‘natan nima qilishimni bilmay qo‘ya qolsin, aks holda azob chekadi, deb o‘ylaydi. Xudo shohid! Jar yoqasida turibman. — Tila tilagingni, sen uchun bajo keltiraman, — dedi Yo‘natan. — Qara, ertaga yangi oy shodiyonasi bo‘ladi, — dedi Dovud. — Shoh bilan birga dasturxonda o‘tirishim kerak. Lekin menga ijozat ber, indin kechgacha dalada yashirinib yuray. Agar otang yo‘qligimni sezib qolsa, unga shunday deysan: “Dovud shoshilinch o‘z shahri Baytlahmga ketadigan bo‘lib qoldi, mendan qattiq turib iltimos qildi. U yerda butun urug‘–aymog‘i yillik qurbonlik marosimi o‘tkazar ekan.” Otang “yaxshi” desa, demak, bu qulingga xavf–xatar yo‘q. Agar g‘azablansa, bilginki, menga zarar yetkazishga qat’iy qaror qilgan. Egamiz oldida ahd qilgansan–ku! Endi menga sodiq qol. Agar aybdor bo‘lsam, meni o‘zing o‘ldir! Meni otangning huzuriga olib borishingga na hojat?! — Xudo saqlasin! — dedi Yo‘natan, — otam senga yomonlik qilmoqchi bo‘lganini bilganimda, senga aytmasmidim?! — Otang senga dag‘al javob bersa, kim menga bildiradi? — deb so‘radi Dovud. — Yur, dalaga chiqaylik, — dedi Yo‘natan. Ikkovlari dalaga ketishdi. Yo‘natan gapida davom etib, Dovudga dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shohid bo‘lsin! Erta yo indinga xuddi shu vaqtgacha otamning niyatini o‘smoqchilab bilib olaman. Otam senga moyillik bildirsa, albatta xabar yuboraman. Bordi–yu, otam seni o‘ldirmoqni niyat qilgan bo‘lsa–yu, seni xabardor qilib bexatar ketishingni ta’minlamasam, Xudo meni yomon ko‘yga solsin, hatto undan ham battarrog‘ini qilsin! Egamiz, ilgari otam bilan bo‘lganiday, doimo sen bilan bo‘lsin. Agar men tirik bo‘lsam, va’dangda tur, menga sodiq bo‘l. Agar o‘lsam, mening xonadonimga abadiy shunday sadoqatingni ko‘rsatgin. Yo‘natan Dovud xonadoni bilan ahd tuzdi va: — Egamiz hamma dushmanlaringni qirib tashlasin, — dedi. Yo‘natan Dovudni jonidan ham ortiq yaxshi ko‘rardi. U: “Menga bo‘lgan do‘stona sevgingni tasdiqlagin”, deb Dovudga yana bir bor ont ichirdi. — Ertaga yangi oy shodiyonasi bo‘ladi, — dedi Yo‘natan Dovudga. — O‘rning bo‘sh qoladi, yo‘qliging bilinadi. Indinga darhol pastga tush, oldingi safar yashiringan joyingga borib yashirin. Ezel degan toshning yonida kutib tur. Men mo‘ljallab o‘sha tosh tomonga uchta o‘q otaman. Keyin xizmatkorimni: “Bor, o‘qlarni topib kel”, deb jo‘nataman. Agar unga: “Qara, o‘qlar orqangda, ularni olib bu yoqqa qayt”, deb aytsam, sen kelasan. Xudo shohid! Shunda senga xavf–xatar bo‘lmaydi, tinch–omonsan. Agar xizmatkorimga: “Qara, o‘qlar oldingda”, desam, sen ketgin. Egamiz seni yo‘lga soladi. Bir–birimizga qilgan ahdimizga Xudo abadiy shohid bo‘lsin. Shunday qilib, Dovud dalada yashirinib oldi. Yangi oy chiqqani munosabati bilan bayram qilinardi. Shoh Shoul kelib, bayram taomiga o‘tirdi. Odatdagiday, devor yonidagi o‘rindiqdan joy oldi. Yo‘natan Shoulning ro‘parasidan, Abnur esa uning yonidan o‘z joylarini egallashdi. Dovudning o‘rni bo‘sh qoldi. Ammo Shoul o‘sha kuni hech narsa demadi. Biror tasodif bo‘lsa kerak, Dovud harom bo‘lgan–u, yuvinmagandir, deb o‘yladi. Ertasiga, yangi oy shodiyonasining ikkinchi kuni Dovudning joyi yana bo‘sh qoldi. Shoul o‘g‘li Yo‘natandan so‘radi: — Essayning o‘g‘li nimaga kecha ham, bugun ham taomga kelmadi? — Dovud Baytlahmga ketmoqchi ekan, mendan qattiq iltimos qildi, — deb javob berdi u. — “Iltimos, ijozat bersang, oilamiz o‘sha shaharda qurbonlik qiladi. Akam, o‘sha yerda bo‘l, deb buyurdi. Menga iltifot ko‘rsatsang, borib, akalarimni ko‘rib kelsam”, dedi. Shu vajdan shohning dasturxoniga kela olmadi. Shoul g‘azablanib, Yo‘natanga baqirdi: — Sen, yaramas, suyuqoyoq xotinning bolasi, u bilan do‘stlashganingni bilmasmidim?! Bu qilig‘ing bilan o‘zingni ham, seni tuqqan onangni ham isnodga qoldirding–ku. Essayning o‘g‘li yer yuzida yashar ekan, na o‘zing, na shohliging saqlanib qoladi. Endi birorta odamni jo‘natib, uni mening oldimga chaqirtirib kel. Uni o‘lim kutyapti. — Nega u o‘ldirilar ekan? U nima qildi? — dedi Yo‘natan otasiga. Shoul Yo‘natanni o‘ldirmoqqa shaylanib, nayzasini unga qaratib otdi. Yo‘natan tushundiki, otasi Dovudni o‘ldirmoqqa qat’iy qaror qilgan. Yo‘natan darg‘azab bo‘lib dasturxondan turdi, yangi oy shodiyonasining ikkinchi kuni hech narsa yemadi. Otasi Dovudni bu qadar haqorat qilganiga xafa bo‘ldi. Ertalab Yo‘natan Dovud bilan ko‘rishmoq uchun dalaga ketdi. Yoniga bir kichkina bolani oldi. Yo‘natan bolaga: — Yugur, men otgan o‘qlarni qidir! — dedi. Bola yugurib ketdi. Yo‘natan bolaning old tomoniga bir o‘q otdi. Yo‘natanning o‘qi tushgan yerga bola yetib borgan ham ediki, u: — O‘q oldingda! Tez bo‘l, yugur, to‘xtab turma! — deb ovoz berdi. Bola o‘qni olib, xo‘jayiniga keltirib berdi. Bola hech narsadan xabarsiz, bu gapning ma’nosi Yo‘natan bilan Dovudga ayon edi, xolos. Yo‘natan qurol–aslahalarini o‘sha bolaga berib: — Ko‘tar bularni, shaharga olib bor, — dedi. Bola ketishi bilanoq, Dovud tosh orqasidan chiqib keldi va yuzi bilan yerga muk tushib, uch marta ta’zim qildi. Ikkala do‘st bir–birlarini quchoqlab, o‘pib, yig‘lashdi. Dovud Yo‘natanga qaraganda qattiqroq yig‘ladi. Nihoyat Yo‘natan: — Endi eson–omon yo‘lingga ket, — dedi. — Ikkovimiz: “Xudo senu mening oramizda, urug‘larimiz orasida abadiy shohid bo‘lsin”, deb Uning nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichganmiz. Shundan keyin Dovud o‘z yo‘liga ketdi. Yo‘natan esa shaharga qaytdi. Dovud Nav shahridagi ruhoniy Oximalekning huzuriga bordi. Oximalek Dovudni kutib olarkan: — Nimaga yolg‘izsan? Nega yoningda hech kim yo‘q? — deb qo‘rquv ichra so‘radi. — Shoh menga bir topshiriq berdi, — dedi Dovud. — Senga bergan topshirig‘imni hech kim bilmasin, dedi. Shuning uchun odamlarimga, falon joyga borib turinglar, deb tayinlab keldim. Hozir yeyishga biror narsangiz bormi? Menga beshta non, yoki qo‘lingizga nima ilinsa, bering. — Oddiy nonimiz yo‘q, — deb javob berdi ruhoniy, — agar odamlaring ayollardan o‘zlarini tiygan bo‘lishsa, nazr qilingan nonimiz bor. — Yo‘lga chiqqanimizdan buyon ayollarga yaqinlashganimiz yo‘q, — dedi Dovud. — Safarimizning maqsadi oddiy bo‘lganda ham, odamlarim o‘zlarini pok tutadi. Ayniqsa, bu safarimizda odamlarim o‘zlarini juda pok tutdilar. Shundan keyin ruhoniy unga muqaddas non berdi. Bu yerda Xudoga bag‘ishlangan nondan boshqa non yo‘q edi. Bu non, Egamizning huzurida turgandan keyin, issiq non keltirilgan kuni olib qo‘yilgandi. O‘sha kuni Shoulning Doyeg degan xizmatkori ham shu yerda edi. U Edomlik bo‘lib, Shoulning bosh cho‘poni edi. Doyeg Egamiz huzuriga rasm–rusumlarni ado etgani kelgandi. — Yoningizda nayza yoki qilich yo‘qmi? — deb so‘radi Dovud Oximalekdan. — Shohning topshirig‘i shoshilinch bo‘lgani uchun o‘zim bilan na qilichimni olibman, na boshqa qurolimni. — Elox vodiysida o‘zing o‘ldirgan Filist Go‘liyotning qilichi bor, — dedi ruhoniy. — Efod orqasida matoga o‘rog‘liq turibdi. Bu yerda boshqa qurol yo‘q. Xohlasang, o‘shani olaver. — O‘sha qilichni menga beraqoling, unaqasi topilmaydi, — dedi Dovud. Dovud Shouldan qochib, o‘sha kuni Gat shohi Oxishning huzuriga bordi. Oxishning xizmatkorlari: — Bu Isroil shohi Dovud–ku! — deyishdi. — Odamlar: “Shoul minglarchasini o‘ldirdi, Dovud esa o‘n minglarchasini”, deb o‘ynab qo‘shiq aytgan edi–ku. Bu gaplar Dovudni cho‘chitib qo‘ydi. U Gat shohi Oxishdan juda qo‘rqardi. Dovud ularning ko‘z o‘ngida qiyofasini o‘zgartirdi, ularning oldida o‘zini telbalikka solar, saroy darvozasini timdalab, so‘laklarini soqoliga oqizardi. Oxish xizmatkorlariga dedi: — Qaranglar bu odamga! Jinnining o‘zi–ku! Nimaga uni mening huzurimga olib keldingizlar? Mening oldimda jinnilik qilsin deb uni olib keldingizlarmi? Menga jinnilar kerakmidi?! Shu odamning saroyimga kirishi shartmi?! Shundan so‘ng Dovud u yerdan chiqib, Adullam shahri yaqinidagi g‘orga qarab qochdi. Akalari va jamiki ota xonadoni bu haqda eshitib, o‘sha yoqqa — Dovudning yoniga kelishdi. Ezilgan, qarzini to‘lashga qurbi yetmagan, norozi odamlar Dovudning atrofiga to‘planishdi. Dovud ularga bosh bo‘ldi. Unga ergashganlar to‘rt yuztacha edi. Dovud u yerdan Mo‘abdagi Mispax shahriga borib, Mo‘ab shohidan iltimos qildi: “Ijozat bering, Xudo meni nima qilmoqchiligi ma’lum bo‘lguncha, ota–onam yoningizda qolsin.” Shunday qilib, Dovud ota–onasini Mo‘ab shohi huzuriga olib keldi. Dovud adirlardagi qarorgohida yashirinib turganda, ota–onasi Mo‘ab shohining panohida yashadilar. Lekin payg‘ambar Gad Dovudga: “U yerda qolma, Yahudo yeriga bor”, dedi. Shundan keyin Dovud u yerdan chiqib, Xoret o‘rmoniga bordi. Shu orada Shoul “Dovud va uning odamlari topildi”, deb eshitdi. Shoul qo‘lida nayzasini ushlaganicha, Givo tepaligidagi tamarisk daraxti ostida o‘tirgan edi. Barcha a’yonlari ham uning atrofida turgan edilar. Shoul ularga shunday dedi: — Ey, Benyamin odamlari, eshitib olinglar! Essayning o‘g‘li har biringizga dalayu uzumzorlarni berib qo‘ymaydi–ku! Har biringizni mingboshi yoki yuzboshi qilib o‘tiradimi?! Hammangiz menga qarshi til biriktirdingiz–ku! O‘g‘lim Yo‘natan Essayning o‘sha o‘g‘li bilan ahd qilgan ekan, meni hech kim xabardor etmadi. Orangizdan menga yon bosadigan biror odam chiqmadi. Dovud menga pistirma qo‘ymoqchi ekan, uni o‘g‘lim qayrabdi. Hozir shu ish bo‘ldi–ku! Shunday emasmi?! Shu payt Shoulning a’yonlari yonida turgan Edomlik Doyeg aytdi: — Essayning o‘g‘li Dovudni ko‘rdim, u Nav shahridagi Oxitobning o‘g‘li ruhoniy Oximalekning yoniga kelgan edi. Oximalek “Dovud nima qilsin?” deb Egamizning xohish–irodasini so‘radi. Unga ham oziq–ovqat berdi, ham Filist Go‘liyotning qilichini taqdim qildi. Shoh Shoul a’yonlariga: “Oxitobning o‘g‘li ruhoniy Oximalekni va uning Navda yashaydigan hamma ota urug‘larini — barcha ruhoniylarni olib kelinglar”, deb buyurdi. Hammalarini shohning oldiga olib kelishdi. — Ey, Oxitobning o‘g‘li, gaplarimni eshit! — dedi Shoul Oximalekka. — Labbay, janoblari, — dedi Oximalek. — Nimaga sen Essayning o‘g‘li bilan birga menga qarshi til biriktirding? Dovudga non, qilich beribsan, uning uchun Xudoning xohish–irodasini so‘rabsan. Mana bugun Dovud menga qarshi qo‘zg‘alib, pistirmada poylab turibdi, — dedi Shoul. Oximalek shunday javob berdi: — Butun a’yonlaringiz orasida Dovud singari ishonchli kim bor?! Dovud — sizning kuyovingiz, soqchilaringizning sardori, xonadoningizda hurmatli kishi–ku. To‘g‘ri, o‘sha kuni Dovud uchun Xudoning xohish–irodasini so‘radim. Ammo bu birinchi marta emas edi–ku! Shoh meni va ota xonadonimni ayblamasinlar, chunki men Dovudning yomon niyatidan bexabar edim. — Ey, Oximalek, o‘zing ham, butun ota xonadoning ham albatta o‘lasizlar! — dedi Shoul. So‘ng u yonida turgan qo‘riqchilariga buyurdi: — Qani, Dovudni qo‘llagan Egamizning ruhoniylarini o‘ldirib tashlanglar! Ular Dovudning qochib ketganini bilganlari holda, menga xabar berishmadi. Shohning qo‘riqchilari qo‘l ko‘tarib, Egamizning ruhoniylarini o‘ldirishni istashmadi. Shunda shoh Shoul Doyegga: — Sen bor, ruhoniylarni o‘ldir! — deb buyurdi. O‘sha kuni Edomlik Doyeg muqaddas libos kiygan sakson besh ruhoniyni bir o‘zi chopib o‘ldirdi. So‘ngra erkak–ayol, yosh bola, hatto chaqaloq demasdan, ruhoniylar yashaydigan Nav shahrining xalqini ham qilichdan o‘tkazdi. Mollari, eshaklari, qo‘ylarini ham chopib tashladi. Ruhoniy Oximalekning o‘g‘illaridan birgina Abuatar degani tirik qolib, Dovudning yoniga qochib ketdi. Shoul Egamizning ruhoniylarini o‘ldirganini Abuatar Dovudga aytib berdi. Dovud Abuatarga dedi: — O‘sha kuni u yerda Edomlik Doyeg bor edi. U albatta Shoulga xabar berishini bilardim. Otang xonadonidagi har bir jonning o‘limiga men sababchi bo‘ldim. Endi sen yonimda qol, qo‘rqma. Mening jonim payiga tushgan kimsa — sening ham joning payiga tushgan. Yonimda qolsang, bexatar bo‘lasan. Dovudga: “Filistlar Keylax shahriga hujum qilib, hosilni talon–taroj qilyapti”, deb xabar berishdi. — Borib o‘sha Filistlar bilan urishaymi? — deb Egamizdan so‘radi Dovud. — Bor, Filistlar bilan urishib, Keylax shahrini xalos et, — dedi Egamiz. Lekin Dovudning odamlari: — Biz shu yerda — Yahudoda qo‘rqamizu, Keylaxga borib, Filist lashkariga qarshi urishmoqqa bizda jur’at bormidi?! — deyishdi. Dovud yana Egamizdan Uning xohish–irodasini so‘radi. — Otlan, Keylaxga bor! Filistlarni O‘zim sening qo‘lingga beraman, — dedi unga Egamiz. Dovud odamlari bilan Keylaxga borib, Filistlarga qarshi urush qildi. Dovud Filistlarning mol–holini tortib oldi. Ularga og‘ir talafot yetkazdi. Shunday qilib, Keylax xalqini qutqardi. Oximalekning o‘g‘li Abuatar Keylaxda turgan Dovudning yoniga qochib, o‘zi bilan efodni ham olib ketgan edi. Shoul Dovudning Keylax shahriga ketganini eshitib: “Xudo Dovudni qo‘limga berdi, o‘sha shahar darvozalarining tambalari bor, u shaharga kirib o‘zini o‘zi tutib berdi”, — dedi. Shoul Dovudni va uning odamlarini qamalga olish maqsadida butun lashkarini urushga da’vat etib, Keylaxga yurish qildi. Dovud Shoulning qabih niyatini eshitib, ruhoniy Abuatarga: — Efodni bu yerga olib kel, Egamizning xohish–irodasini bilaylik, — dedi. So‘ng Xudoga shunday deb iltijo qildi: — Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Aniq xabar eshitdim: Shoul Keylaxga kelib, shu quling sababli shaharni vayron qilmoqchi ekan. Keylaxliklar meni Shoulning qo‘liga tutib beradimi? Bu qulingning eshitganlari rostmi, Shoul bu yerga keladimi? Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, o‘tinib so‘rayman, bu qulingga ayon et! — Shoul keladi, — dedi Egamiz. — Keylaxliklar meni va odamlarimni Shoulning qo‘liga tutib beradimi? — deb so‘radi Dovud. — Tutib beradi, — dedi Egamiz. Shu onda Dovud bilan yonidagi olti yuztacha odam Keylaxdan chiqib, u yoqdan–bu yoqqa o‘taverishdi. Dovud Keylaxdan qochib ketibdi, degan xabarni eshitgan Shoul u yerga bormaydigan bo‘ldi. Dovud adirlardagi pana joylarda — Zif cho‘lidagi qirlarda makon qilardi. Shoul Dovudni muttasil ta’qib qildi, lekin Xudo uni Shoulning qo‘liga bermadi. Bir payt Dovud Zif cho‘lidagi Xoreshda turganda: “Shoul meni o‘ldirgani yo‘lga chiqibdi”, deb bilib qoldi. Shu paytda Shoulning o‘g‘li Yo‘natan Xoreshda turgan Dovudning oldiga bordi va “Xudo seni saqlaydi”, deb uni ruhlantirdi. — Qo‘rqma, — dedi Yo‘natan unga, — otam Shoul seni topa olmaydi. Sen Isroil shohi bo‘lasan, men esa sendan keyingi odam bo‘laman. Otam Shoul ham shuni biladi. Ikkovi Egamiz oldida ahd qilishdi. Dovud Xoreshda qoldi, Yo‘natan esa uyiga ketdi. Bir necha Zifliklar Givoga borib, Shoulga xabar berdilar: — Dovud hududimizdagi Xoresh degan joyda yashirinib yuribdi. Bu joy Yishmonning janubidagi Xaxilo adirlarida joylashgan. Ey, shoh hazratlari, boravering. Dovudni biz, albatta shohning qo‘liga tutib beramiz. — Sizlar menga qayishar ekansiz, Xudo sizlarni yorlaqasin! — dedi Shoul. — Borib, yana bir marta tekshirib chiqinglar, Dovud qayerlarda yashirinib yurganini, o‘sha yerda uni kimlar ko‘rganini yaxshilab surishtiringlar. Aytishlaricha, u juda ayyor ekan. Hamma yashiringan joylarini bilib olib, keyin menga aniq xabar keltiringlar. O‘shanda men sizlar bilan boraman. Agar Dovud o‘sha yerda bo‘lsa, uni butun Yahudo urug‘lari orasidan qidirib topaman. Shunday qilib, Zifliklar yo‘lga tushib, Shouldan oldin Zifga kelishdi. U paytda Dovud odamlari bilan Yishmonning janubidagi Moyun cho‘lining bir kimsasiz vodiysida edilar. Shoul ham odamlari bilan Dovudni izlashga chiqdi. Dovud Shoulning kelayotganini eshitgach, Moyun cho‘lining qoyalik joyiga borib yashirindi. Shoul buni bilib qolib, Dovudning orqasidan ketdi. Shoul qirning bir tomonidan, Dovud bilan uning odamlari esa qirning boshqa tomonidan borishardi. Dovud tezda Shouldan qochib qutulmoqchi edi. Shoul esa sipohlari bilan Dovud odamlarining yo‘lini to‘smoqchi bo‘lib, o‘rab olayotgan edi. Xuddi shu payt bir xabarchi kelib Shoulga: — Tezroq yuring! Filistlar yurtimizga yopirildi, — deb qoldi. Shoul Dovudni ta’qib qilish o‘rniga, Filistlar bilan jang qilgani qaytib ketdi. Shuning uchun o‘sha yerga “Qutulish qoyasi ” deb nom berildi. Dovud u joylarni ham tark etib, Engedidagi pana joylarda yashay boshladi. Shoul Filistlarni quvlab yuborib qaytib kelgach, Dovud Engedi yonidagi dasht–cho‘llarda yuribdi, degan xabarni eshitdi. Shoul odamlari bilan Dovudni qidirmoqqa otlandi. Isroilning eng sara sipohlaridan uch mingtasini tanlab olib, qoyalari va yovvoyi echkilari bilan mashhur bo‘lgan joyga ketishdi. Yo‘lda qo‘y qo‘rasi bo‘lib, uning yaqinida bir g‘or bor edi. Shoul ehtiyojini qondirmoqchi bo‘lib g‘orga kirdi. G‘orning eng ichkarisida esa Dovud odamlari bilan o‘tirgan edi. Odamlari Dovudga aytdilar: — Egamiz senga: “G‘animingni qo‘lingga beraman, unga bilganingni qilaver”, degan edi. O‘sha kun shu bugundir! Dovud sekin borib, Shoulning ridosi etagidan bilintirmay bir parcha kesib oldi. Lekin Shoulning etagidan bir parcha kesib olgani uchun yuragida o‘kinch paydo bo‘ldi. Keyin odamlariga dedi: — Xudo saqlasin! Men Egamiz moy surtib tanlagan shohga — janobi oliylariga bunday qilolmayman. Unga qarshi qo‘limni ko‘tarmayman, chunki u Egamizning moy surtib tanlaganidir. Dovud shunday deb odamlariga tanbeh berdi, Shoulga tegishlariga ijozat bermadi. Shoul g‘ordan chiqib, yo‘liga ketdi. Uning ortidan Dovud ham g‘ordan chiqdi–da: — Shoh hazratlari! — deb Shoulni chaqirdi. Shoul orqasiga o‘girildi, Dovud egilib ta’zim qildi va yer o‘pib dedi: — Dovud senga yomonlik qilmoqchi, degan odamlarning gaplariga nima uchun quloq solyapsiz? O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib turibsizki, hozir Egamiz g‘orda sizni qo‘limga bergan edi. Odamlarim sizni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan edi, lekin mening ko‘zim qiymadi, “Janoblariga qo‘l tekkizmayman, chunki u Xudoning moy surtib tanlaganidir”, — dedim. Qarang, ey, otam! Qo‘limdagi manavi parchaga qarang! Ridongizning etagidan kesib oldim. Ridongizdan bir parchani kesib oldimu, lekin sizni o‘ldirmadim. Ko‘nglimda yomonlik va makkorlikdan asar yo‘qligini yaxshi bilib oling. Men sizga gunoh qilmaganmanu, siz esa mening jonimga qasd qilish payiga tushgansiz. Xudoga soldim, men uchun U sizdan o‘ch olsin. Men sizga qo‘l ko‘tarmayman. Eskilar: “Yomonlik yomon odamlardan kelar”, deyishgan, shunga ko‘ra, men sizga qo‘limni ko‘tarmayman. Isroil shohi kimning payiga tushgan, axir? Siz kimni ta’qib qilyapsiz? O‘lgan itday yoki burgaday arzimas bo‘lgan menimi? Xudoga soldim, qay birimizning haq ekanimizni Xudo hukm qilsin, dodimni O‘zi eshitsin. Egamiz mening yo‘limni berib, sizning qo‘lingizdan xalos etsin. Dovud gapini tugatgan ham ediki, Shoul: — Dovud, o‘g‘lim, bu sening ovozingmi? — dediyu uvvos solib yig‘lay boshladi. — Sen haqsan, men noto‘g‘ri qildim, — dedi Shoul Dovudga. — Sen menga yaxshilik qilgan eding, men yomonlik bilan javob qaytardim. Bugun menga bo‘lgan munosabatingni aniq–ravshan isbotlading. Egamiz meni sening qo‘lingga beribdiyu, lekin sen meni o‘ldirmabsan. Qaniydi, hammayam senga o‘xshab dushmanini tutib olganda, oq yo‘l tilab qo‘yib yuboraversa?! Bugun menga qilgan yaxshiliging uchun senga Egamizdan qaytsin! Endi men anglab yetdim: sen albatta shoh bo‘lasan, Isroil shohligi sening qo‘lingda mustahkam bo‘ladi. Endi menga, sizdan keyin avlodingizni yo‘q qilmayman, otangiz xonadonidan nomingizni o‘chirmayman, deb Egamiz oldida ont ich. Dovud Shoulning oldida ont ichdi. Shundan so‘ng Shoul uyiga qaytib ketdi. Dovud esa odamlari bilan adirlardagi qarorgohiga qaytdi. Shu orada Shomuil olamdan o‘tdi. Butun Isroil xalqi yig‘ilishib, Shomuilga aza tutdi. Uni o‘z ona shahri Ramada dafn qilishdi. Shundan keyin Dovud Poron dashtiga ketdi. Moyun shahrida bir boy–badavlat odam yashar, mol–mulki Karmil shahri yaqinidagi yerda bo‘lib, uch mingta qo‘yi, mingta echkisi bor edi. Bu paytda u Karmilda qo‘ylarining junini qirqayotgan edi. O‘sha odamning ismi Navol, xotinining ismi esa Obigayl edi. Ayol aql–farosatli va chiroyli edi. Eri Xolib urug‘idan bo‘lib, qo‘rs, fe’l–atvori yomon odam edi. Dovud dashtda yurganda, Navol qo‘ylarining junini qirqyapti, degan xabarni eshitib qoldi. Dovud yigitlaridan o‘ntasini Karmilga — Navolning huzuriga jo‘natayotib, ularga dedi: — Navolga mendan salom aytib, shu gaplarimni yetkazinglar: “Umring uzoq bo‘lsin! Senga, xonadoningga, qaramog‘ingdagi har bir odamga tinchlik–omonlik bo‘lsin. Qo‘ylaringning junini qirqayotganingni eshitdim. Cho‘ponlaring biz bilan birga edi. Ularni xafa qilmadik, Karmilda bo‘lgan kunlarida hech narsasi yo‘qolmadi. Xizmatkorlaringdan so‘rab ko‘rsang, o‘zlari ham senga aytib berishadi. Shuning uchun odamlarimga iltifot ko‘rsat, sening huzuringga ziyofat kuni keldik. Bu qullaringga va o‘g‘ling Dovudga qo‘lingdan kelgancha marhamat qilib, yordam ko‘rsat.” Dovudning odamlari Navol huzuriga borib, Dovudning nomidan unga shu gaplarni yetkazishdi va javob kuta boshlashdi. Navol esa Dovudning odamlariga shunday javob berdi: — Dovud degani kim o‘zi?! Essayning o‘g‘li bo‘lsa, nima qipti?! Shu kunlarda o‘z xo‘jayinlaridan qochib ketayotgan qullar juda ko‘payib ketdi–da! Nonimni, suvimni, jun qirqayotgan odamlarim uchun so‘ygan qo‘ylarimning go‘shtini olib, allaqaydan kelgan odamlarga beraymi?! Dovudning odamlari kelgan yo‘liga qaytib ketishdi. Navolning hamma aytganlarini Dovudga yetkazishdi. — Hamma qilichini beliga bog‘lasin! — deb amr berdi Dovud odamlariga. Dovudning o‘zi ham, odamlari ham qilichlarini bellariga bog‘lashdi. To‘rt yuzga yaqin odam Dovud bilan birga ketdi. Ikki yuztasi esa anjomlar yonida qoldi. Navolning xizmatkorlaridan biri uning xotini Obigaylga dedi: — Dovud xo‘jayinimiz Navolga salom yo‘llab, dashtdan xabarchilar jo‘natgan ekan, lekin Navol ularni haqorat qildi. U odamlar esa bizga ko‘p yaxshi munosabatda bo‘lishgan edi. Har doim dashtda ular bilan qolgan paytlarimizda bizni xafa qilishmasdi, biror narsamiz ham yo‘qolmasdi. Qo‘ylarimizni boqib yurganimizda, har doim — kechayu kunduz bizni himoya qilishardi. Endi nima qilish lozimligini o‘zingiz yaxshilab o‘ylang. Chunki xo‘jayinimizning va uning butun xonadonining boshiga falokat xavf solib turibdi. Xo‘jayinimiz esa shu qadar badjahlki, biror kimsa unga bir og‘iz gap ayta olmaydi. Obigayl vaqtni boy bermay, ikki yuzta non, ikki mesh sharob, beshta qo‘yning pishirilgan go‘shtini, ikki tog‘ora qovurilgan bug‘doy, yuz hovuch mayiz va ikki yuz hovuch anjir qoqi olib eshaklarga yukladi. So‘ng xizmatkorlariga: — Sizlar mendan oldin yuringlar, men orqalaringizdan boraman, — dedi. Eri Navolga esa hech narsa demadi. Obigayl eshakka minib, tog‘ning yolg‘izoyoq yo‘llaridan tushib kelayotganda, unga tomon kelayotgan Dovudning odamlariga duch kelib qoldi. Dovud shu gaplarni aytayotgan ekan: — Bu odamning dashtdagi mol–holini behudaga qo‘riqlabman–da. Uning qo‘tonidan biror qo‘y yo‘qolmadiyu, oqibatda u mening yaxshiligimga yomonlik bilan javob qaytardi. Agar ertalabgacha unga qarashli erkak zotidan birortasini tirik qoldirsam, Xudo mening jazomni bersin, hatto undan battarrog‘iga duchor qilsin! Obigayl Dovudni ko‘riboq eshakdan tushdi. Dovudga ta’zim qilib, yerga muk tushdi. Uning oyoqlariga bosh urib yolvordi: — To‘ram, men aybdorman, ayb menda. Ijozat bering, bu cho‘ringiz sizga bir og‘iz gap aytsin, aytganlarimga quloq soling. Yolvoraman, to‘ram! O‘sha battol Navolga e’tibor bermasinlar. Uning fe’l–atvori xuddi ismining o‘zi. Navol — aqlsiz degani. Men, cho‘ringiz, to‘ram yuborgan odamlarni ko‘rmabman. Endi, to‘ram, Egamiz sizning qon to‘kishingizga, o‘z qo‘lingiz bilan qasos olmog‘ingizga izn bermagan. Xudo shohid! To‘g‘risini aytay, g‘animlaringiz, qolaversa, to‘ramga qasd qilgan hammaning boshiga Navolning kuni tushsin. Men, cho‘ringizning to‘ramga keltirgan mana bu in’omlari sizga ergashib xizmat qilayotgan odamlaringizga berilsin. Bu cho‘ringizning gunohidan o‘ting. Egamiz albatta to‘ramning xonadonini mustahkam qiladi, chunki to‘ram Egamiz uchun jang qilyapti. Umringiz oxirigacha siz tomondan biron–bir haqsizlik bo‘lmasin. Birontasi ortingizdan tushib, joningizga qasd qilsa, hayotingizni Egangiz Xudo o‘z panohida asrasin. G‘animlaringizni esa palaxmondan otilgan toshday uloqtirib yuborsin. Egamiz to‘ramga va’da qilgan barcha ezguliklarni bajo keltirib, sizni Isroilning yo‘lboshchisi qiladigan kun keladi, albatta. O‘shanda o‘zim uchun o‘ch olib, behudaga qon to‘kdim, deb pushaymon bo‘lmagaysiz. Egamiz to‘ramga baraka berganda, bu cho‘risini unutmasin. — Bugun seni men bilan uchrashtirgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! — dedi Dovud. — Aqlingga balli, baraka top! Bugun meni qon to‘kishdan, o‘z qo‘lim bilan o‘ch olishdan saqlab qolding, buning uchun seni Xudo yorlaqasin. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz senga yomonlik qilishimning oldini oldi. Agar sen meni tezda uchratib qolmaganingda, Xudo haqi, kun chiqquncha Navolga qarashli erkak zotidan birortasi tirik qolmagan bo‘lardi! Dovud Obigayl olib kelgan hadyalarni oldi. Keyin: — Eson–omon uyingga bor, bilib qo‘y, gaplaringga quloq solib, arzingga e’tibor berdim, — dedi. Obigayl Navolning yoniga qaytib keldi. Navol uyida shohona ziyofat uyushtirgan, mast, juda vaqti chog‘ edi. Obigayl esa ertalabgacha unga bir og‘iz gap aytmadi. Ertasiga ertalab Navol o‘ziga kelgach, xotini unga bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berdi. O‘sha zahotiyoq Navolning yuragi muzlab, shol bo‘lib qoldi. O‘n kunlardan keyin Egamiz Navolning jonini oldi. Xudo Navolning jonini olganini Dovud eshitdi. — Navol meni haqorat qilgan edi, Egamizning O‘zi meni oqladi, bu qulini yomonlik qilmoqdan asradi. Unga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamiz Navolning yomonligini o‘zining boshiga solibdi, — dedi. Shundan so‘ng Dovud Obigaylning oldiga xabarchilar jo‘natib, unga uylanmoqchi ekanligini bildirdi. Dovud yuborgan xabarchilar Karmilga — Obigaylning huzuriga borib: — Dovudning senga uylanish istagi bor, shuni bildirish uchun bizni yubordi, — dedilar. Obigayl o‘rnidan turdi, boshi yerga tekkuday bo‘lib ta’zim qildi–da: — Men to‘ramga xizmat qilmoqqa va to‘ramning xizmatkorlari oyoqlarini yuvishga tayyorman, — deb javob berdi. Obigayl tezda o‘rnidan turib, eshakka mindi. Yoniga beshta cho‘risini olib, Dovudning xabarchilari orqasidan yo‘lga tushdi. Shunday qilib, Obigayl Dovudga turmushga chiqdi. Dovud Yizrillik Oxinavamga ham uylangan edi. Shu tariqa Dovud ikki xotinlik bo‘ldi. Dovudning birinchi xotini Mixalni esa otasi Shoul Paltiga berib yuborgan edi. Palti Galimlik Layish deganning o‘g‘li edi. Zifliklar Givoga Shoulning huzuriga kelib: “Dovud Yishmon chetidagi Xaxilo tepaligida yashirinib yuribdi”, deb xabar yetkazishdi. Shoul uch mingta saralangan Isroil sipohi bilan Dovudni qidirib Zif dasht–biyoboniga bordi. U Xaxilo tepaligidagi yo‘l bo‘yida qarorgoh qurdi, bu tepalik Yishmon sahrosining chetida edi. Dovud hali ham sahroda yashirinib yurardi. O‘z orqasidan Shoulning tushganini bilib, Dovud ayg‘oqchilar jo‘natdi. Shu tariqa Shoulning shu yerga kelganini aniq bilib oldi. Dovud Shoulning qarorgohi tomon yaqin borib, Shoul bilan lashkarboshi Abnurning uxlayotgan joyini ko‘rdi. Shoul qarorgohning o‘rtasida, sipohlar esa uning atrofida yotgan edilar. Shu payt Dovud Oximalek bilan Abushaydan: — Kim men bilan qarorgohga — Shoulning yoniga kiradi? — deb so‘radi. Oximalek — Xet xalqidan edi. Abushay — Zeruyaning o‘g‘li bo‘lib, Yo‘abning akasi edi. — Men siz bilan boraman, — dedi Abushay. Dovud bilan Abushay o‘sha kun kechasi qarorgohga kirishdi. Shoul nayzasini bosh tomoniga yerga sanchib qo‘yib, qarorgohning o‘rtasida uxlab yotardi. Abnur bilan sipohlar uning atrofida uxlashardi. — Bugun Xudo g‘animingizni sizning qo‘lingizga berdi, — dedi Abushay Dovudga. — Endi ijozat bering, uni nayza bilan bir urib yerga mixlab qo‘yayin. Ikkinchi marta urishimga hojat qolmaydi. — Yo‘q, uni o‘ldirmaysan, — dedi Dovud, — Egamiz moy surtib tanlagan shohga qo‘l ko‘targanni sira oqlab bo‘lmaydi. Xudo shohid! Shoulni yo Xudo uradi, yo uning kuni bitib olamdan o‘tadi, yoki jangda halok bo‘ladi. Ammo Egamiz moy surtib tanlagan shohga qo‘l ko‘tarishdan meni Xudoning O‘zi saqlasin. Mayli, Shoulning bosh tomonidagi nayza bilan suvdonini olib ketamiz. Dovud Shoulning bosh tomonidagi nayzasi va suvdonini oldi. Keyin u yerdan qaytishdi. Ularni hech kim ko‘rmadi, biror kimsa bo‘lib o‘tgan voqeani bilmay qoldi, hech kim uyg‘onmadi ham. Hamma uxlab yotardi, zotan, Egamiz ularni qattiq uxlatib qo‘ygan edi. Dovud narigi tomonga o‘tib, uzoqroqdagi tepalikning ustiga chiqdi, Shoulning sipohlari bilan uning orasida anchagina masofa bor edi. O‘sha yerdan Abnurni va odamlarini chaqirib: — Ey, Abnur, menga javob ber–chi! — dedi. — Sen kimsan, nega baqirib shohimizni bezovta qilyapsan? — so‘radi Abnur. — Sen katta odamsan, Abnur, to‘g‘rimi gapim? — dedi Dovud. — Butun Isroilda senga teng keladigani yo‘q. Shoh hazratlarini bittasi o‘ldirmoqchi bo‘lib, qarorgohga kiradi–yu nega muhofaza etmading? Bu qilgan ishing yomon. Xudo haqi, o‘zing ham, odamlaring ham o‘limga loyiqsizlar, chunki janobi oliylarini — Egamiz moy surtib tanlagan shohni muhofaza etmadingizlar. Qarab ko‘r–chi, shohning bosh tomonidagi nayzasi bilan suvdoni qayerda ekan? Shoul Dovudning ovozini tanidi: — Bu sening ovozingmi, Dovud o‘g‘lim? — deb so‘radi. — Ha, shoh hazratlari, menman, — javob berdi Dovud. — Janobi oliylari! Men, qulingizni nega ta’qib qilaverasiz? Men nima qildim? Gunohim nima? Shoh hazratlari! Marhamat qilib men, qulingizning so‘zlariga quloq soling. Agar sizni menga qarshi qo‘zg‘atgan Egamiz bo‘lsa, nazr atang, U tinchlansin. Agar bu ishni insonlar qilgan bo‘lsa, Egamiz oldida la’nati bo‘lsinlar. Chunki ular Egamizning yeridan meni haydab: “Bor, begona xudolarga xizmat qil”, deyayotganday bo‘lyapti. Ishqilib, qonim Egamizning huzuridan uzoq yerlarga to‘kilmasin. Shohim, siz tog‘da kaklik ovlaydigan ovchidaysiz–u, itlaru odamlaringiz bilan bitta burgani ovlashga chiqibsiz–da! — Gunoh qildim, Dovud o‘g‘lim, beri kel, — dedi Shoul. — Bugun mening hayotim sen uchun qimmatli ekanini bildim. Endi senga sira yomonlik qilmayman. Haqiqatan ham, nodonlik qildim, qattiq yanglishdim. — Mana shohimizning nayzasi, yigitlaringizdan biri kelib olsin, — dedi Dovud, — Egamiz har bir odamning to‘g‘riligiga va sadoqatiga yarasha mukofot beradi. Bugun Egamiz sizni qo‘limga bergan bo‘lsa–da, men Egamizning moy surtib tanlaganiga qo‘l ko‘tarishni istamadim. Bugun sizning hayotingizni saqlaganimday, Egamiz mening hayotimni ham shunday saqlasin. U meni har qanday balolardan asrasin. — Dovud o‘g‘lim, Egamiz seni yorlaqasin, sen albatta buyuk ishlar qilasan, ulug‘ zafarlarga erishasan, — dedi Shoul. Shundan keyin Dovud o‘z yo‘liga ketdi, Shoul esa uyiga qaytdi. Dovud: “Bir kun Shoulning qo‘lida nobud bo‘lsam kerak”, deb o‘ylardi. “Yaxshisi, Filistlar yerlariga qochib qolay. O‘shanda Shoul Isroilning har burchagidan meni qidirib yurishdan voz kechadi, men ham uning qo‘lidan qutulib qolaman.” Shunday qilib, Dovud va uning yonidagi olti yuz kishi oilalari bilan yo‘lga otlanib, Gat shohi Oxish tomoniga o‘tib ketishdi. Shoh Oxish Moyux deganning o‘g‘li edi. Hammalari oilalari bilan birga Gatda Oxishning yonida joylashishdi. Dovud ham ikkala xotini — Yizrillik Oxinavam va Karmillik Navolning bevasi Obigayl bilan joylashdi. Shoul Dovudning Gatga qochib ketganini eshitgach, endi uni axtarmay qo‘ydi. Dovud Oxishga: — Agar men, qulingiz, sizning iltifotingizga sazovor bo‘lsam, yon–atrofdagi shaharlarning biridan menga joy bersangiz, men o‘sha yerda istiqomat qilayin, — dedi. — Qulingizning siz bilan birga shoh shahrida yashashiga hojat yo‘q. Oxish o‘sha kuni Dovudga Zixlax shahrini berdi. O‘shandan buyon Zixlax Yahudo shohlariga qarashli shahardir. Dovud Filistlar yurtida bir yilu to‘rt oy istiqomat qildi. Dovud odamlari bilan Geshir, Gezer va Omolek xalqlarining yeriga bostirib borardi. Bu elatlar uzoq zamonlardan beri Shurga va Misr chegarasigacha cho‘zilgan yerlarda yashab kelishardi. Dovud biror yurtni bosib olsa, erkak, ayol demas, tirik jonni sog‘ qo‘ymasdi. Faqat qo‘y, mol, eshak, tuya va kiyim–kechaklarni o‘lja olib, shoh Oxishning huzuriga qaytib kelardi. Oxish: “Bugun biron yerga bostirib bordingizlarmi?” deb so‘rasa, Dovud: “Yahudoning Nagav cho‘lidagi hududlarini bosib oldik”, yoki “Nagav cho‘lidagi Yaraxmal urug‘i yerlarini bosib oldik”, yoki “Nagav cho‘lidagi Xayin xalqi yerlarini qo‘lga oldik”, deb javob berardi. Dovud biror kimsani Gatga olib kelmas, “Dovud unday qildi, bunday qildi, deb aytmasin”, deya erkagu ayolni tirik qoldirmasdi. Dovud Filistlar yurtida yashagan paytda shunday qilardi. Oxish Dovudga ishonardi. “Dovud o‘z xalqi — Isroil xalqiga o‘zini dushman qilib qo‘ydi, bundan keyin to abad mening xizmatimda qoladi”, deb o‘ylardi. O‘sha kunlarda Filistlar Isroil lashkari bilan urush qilmoqchi bo‘lib, lashkarlarini to‘plashdi. Oxish Dovudga: — Bilib qo‘y, sen odamlaring bilan albatta men tomonda jang qilasizlar, — deb ta’kidladi. — O‘shanda siz men, qulingizning nimalar qilishimni ko‘rasiz, — dedi Dovud. — Yaxshi, — dedi Oxish, — sen doimo mening shaxsiy qo‘riqchim bo‘lib qolasan. Shomuil olamdan o‘tganda, butun Isroil xalqi unga aza tutgan va uni o‘z shahri Ramaga dafn qilishgan edi. Shoul esa arvoh chaqiruvchilarni va folbinlarni yurtdan yo‘qotib yuborgan edi. Shu orada Filistlar to‘planib, Shunam shahriga borib qarorgoh qurishdi. Shoul ham jamiki Isroil qo‘shinini yig‘ib, Gilbova tog‘ida qarorgoh qurdi. Shoul Filistlar qo‘shinini ko‘rdiyu, qattiq qo‘rqib ketdi, uni vahima bosdi. Shoul “Nima qilay?” deb Egamizning xohish–irodasini bilmoqchi bo‘lgan edi, U Shoulga na tushida, na ruhoniylar va na payg‘ambarlar orqali javob berdi. Shundan keyin Shoul a’yonlariga: — Menga birorta arvoh chaqiradigan ayolni topib kelinglar, uning oldiga borib maslahat solayin, — deb farmon berdi. — En–Do‘rda bir arvoh chaqiradigan ayol bor, — dedi a’yonlar. Shoul boshqacha kiyimlar kiyib, qiyofasini o‘zgartirdi va ikki kishini ergashtirib, kech kirganda, o‘sha ayolnikiga bordi. — Iltimos qilaman, men uchun ruhlarga maslahat sol, senga kimning nomini aytsam, o‘sha odamni chaqirib ber, — dedi. Ayol shohga shunday javob berdi: — Shoul nimalar qilganini, arvoh chaqiradiganlarni va folbinlarni yurtdan yo‘qotib yuborganini bilasan–ku. Shunday ekan, nimaga meni nobud qilmoq uchun tuzoq qo‘yyapsan? — Xudo haqi, bundan senga zarracha yomonlik kelmaydi, — deb ont ichdi Shoul. Shundan so‘ng ayol: — Senga kimni chaqirib berayin? — deb so‘radi. — Menga Shomuilni chaqirib ber! — dedi Shoul. Ayol Shomuilni ko‘rgach, qattiq baqirib yubordi: — Siz shoh Shoulsiz–ku! Nega meni aldadingiz? — Qo‘rqma! — dedi shoh ayolga, — nimani ko‘ryapsan? — Yer ostidan chiqayotgan bir arvohni ko‘ryapman, — deb javob berdi ayol. — Nimaga o‘xshaydi? — so‘radi Shoul. — Rido kiygan keksaroq odam yuqoriga chiqyapti, — dedi ayol. Shu zahoti Shoul bildiki, u odam Shomuil. Muk tushib unga ta’zim qildi. — Nimaga meni chaqirib bezovta qilding? — so‘radi Shomuil. — Men juda qiynalib ketdim, — dedi Shoul. — Filistlar menga hujum qilishmoqchi. Xudo esa meni tark etdi. Menga na payg‘ambarlar orqali, na tushimda javob beryapti. Endi nima qilay, ayting, shunga sizni chaqirgan edim. — Egamiz seni tark etib, senga dushman bo‘lgan ekan, endi nimaga mendan so‘rayapsan? — dedi Shomuil. — Egamiz men orqali aytganini qildi. Shohlikni sening qo‘lingdan tortib olib, Dovudga berdi. Chunki sen Egamizning amriga itoat etmading, Uning alangalangan g‘azabini sen Omolek xalqiga sochmading. Ana shuning uchun Egamiz bugun shu kunlarni boshingga solyapti. U seni ham, Isroil xalqini ham Filistlar qo‘liga beradi. Ertaga sen va o‘g‘illaring mening yonimda bo‘lasizlar. Egamiz butun Isroil qo‘shinini ham Filistlar qo‘liga topshiradi. Shoul birdan mukkasi bilan yerga tushdi. Shomuilning gaplaridan qattiq qo‘rqib ketdi, sillasi quridi. U bir kecha–kunduz tuz totmagan edi. Ayol Shoulga yaqinlashdi–da, uning qattiq qo‘rqib ketganini ko‘rib shunday dedi: — Bu cho‘ringiz ham sizning gaplaringizni eshitdi, jonimni xatarga qo‘yib bo‘lsa–da, istagingizni bajo keltirdim. Endi bu cho‘ringizning gaplarini eshiting. Oldingizga ozgina non–pon qo‘yaman, yeysiz. Hali yo‘l yurasiz, non–pon yeb olsangiz, darmon bo‘ladi. — Yemayman! — deb rad etdi Shoul. Lekin a’yonlari ham, ayol ham uni ko‘ndirishga ko‘p harakat qilishdi. Oxiri, Shoul ularning aytganini qilishga rozi bo‘ldi. Yotgan yeridan turib, to‘shakka o‘tirdi. Ayolning uyida boquvdagi bir buzog‘i bor edi. Ayol uni tezda so‘ydi. Un oldi–da, xamir qorib, xamirturushsiz non yopdi. Taomlarni Shoul bilan a’yonlari oldiga qo‘ydi. Ular yeb–ichib, o‘sha kuni tunda turib jo‘nab ketishdi. Filistlar hamma sipohlarini Ofoqqa yig‘di. Isroil lashkari esa Yizrildagi buloq yonida qarorgoh qurib, joylashib olgan edilar. Filist beklari yuz ming kishidan iborat to‘dalari bilan borishardi. Dovud va uning odamlari esa shoh Oxish bilan birga orqada kelayotgan edilar. Filist lashkarboshilari: — Anavi ibroniylar bu yerda nima qilib yuribdi? — deb so‘ragan edilar, Oxish shunday javob berdi: — Bu odam Isroil shohi Shoulning xizmatkori Dovud bo‘ladi. Necha oyu yillardan beri yonimda yuribdi. Men tomonga o‘tgandan buyon undan biror yomonlik ko‘rmadim. Lekin Filist lashkarboshilari Oxishga: — Bu odamni orqasiga qaytarib yuboring! — deyishdi jahl bilan. — Siz unga ajratib bergan joyga boraversin. Biz bilan urushga borishiga yo‘l qo‘ymang! Jang vaqtida bizga qarshi chiqishi mumkin. U oldingi xo‘jayiniga o‘zini qanday qilib yaxshi ko‘rsatishini bilasizmi? Odamlarimizning boshini unga tutib berishdan boshqa yaxshi yo‘l topa olarmidi?! Haligi: “Shoul minglarchasini o‘ldirdi, Dovud esa o‘n minglarchasini”, deb kuylab o‘ynab qo‘shiq aytgan edilar–ku. Bu o‘sha Dovudning o‘zginasi–ku. Oxish Dovudni yoniga chaqirib dedi: — Xudo haqi, sen yaxshi odamsan. Huzurimga kelganingdan beri biron noma’qul ish qilganingni ko‘rmadim. Men bilan birga urushga borishingni istardimu, ammo beklarimiz urushga borishingni ma’qul ko‘rishmayapti. Mayli, bu safar orqangga qayt, tinchgina ket, tag‘in Filist beklarining ko‘zi oldida birorta noma’qul ish qilib qo‘ymagin. — Axir, men nima qildim?! — dedi Dovud. — Huzuringizga kelganimdan beri mendan biror ayb topmadingiz–ku! Endi shoh hazratlarining g‘animlariga qarshi urushga nima uchun bormasligim kerak ekan?! — Bilaman, — dedi Oxish, — sen mening nazarimda Xudoning farishtasiday poksan. Lekin Filist lashkarboshilari, biz bilan urushga bormasin, deyishyapti. Endi sen va o‘zing bilan kelgan shohing Shoulning odamlari ertalab turinglar–da, tong otar–otmas jo‘nanglar. Shunday qilib, Dovud odamlari bilan erta tongda turib, Filistlar hududiga qarab yo‘lga tushdi. Filistlar esa Yizrilga jo‘nashdi. Dovud odamlari bilan yo‘l yurib, uchinchi kuni o‘z shahri Zixlaxga yetib keldi. Bu orada Omolek xalqi Nagav cho‘liga, xususan, Zixlax shahriga ham bostirib kirgan, Zixlaxga o‘t qo‘yib, shaharni talon–taroj qilishgan ekan. Ular biror kimsani o‘ldirmay, u yerdagi ayollaru yosh–qarini asir olishib, oldilariga solib haydagancha, yo‘llariga qaytib ketishgan edi. Dovud odamlari bilan u yerga yetib borgach, shaharning alanga ichida qolganini, xotinlari, o‘g‘il–qizlarini asir olib ketishganini bildi. Ular holdan toyguncha dod–voy solib yig‘lashdi. Dovudning ikkala xotini — Yizrillik Oxinavam va Karmillik Navolning bevasi Obigayl ham asir olingan edi. Dovud yomon ahvolda qoldi, chunki har bir odam o‘g‘illari, qizlari uchun qayg‘urar, “Dovudni toshbo‘ron qilamiz”, deyishardi. Lekin Dovud o‘z Egasi Xudodan madad oldi. U Oximalekning o‘g‘li ruhoniy Abuatarga: — Menga efodni keltir, Egamizning xohish–irodasini bilaylik, — dedi. Abuatar efodni olib keldi. Dovud Egamizdan: — Bu qaroqchilarning orqasidan quvib boraymi? Quvsam, yetib olamanmi? — deb so‘radi. — Orqalaridan quv, ularga albatta yetib olib, asirlarni ozod qilasan, — dedi Egamiz. Shunday qilib, Dovud yonidagi olti yuzta odami bilan yo‘lga chiqib, Basor soyligiga yurish qildi. Ular soylikdan hali o‘tib bo‘lmagan ediki, ikki yuz kishi toliqib yiqilib, o‘sha yerda qoldi. Dovud qolgan to‘rt yuz kishisi bilan qaroqchilarni quvlab ketdi. Cho‘lda bir Misrlikni topib, Dovudning oldiga keltirishdi. “Yeb, ichib ol”, deb unga non–pon berishdi. Bir hovuch anjir qoqi bilan ikki hovuch mayiz ham berishdi. Haligi odam tamaddi qilib olgach, biroz jonlandi. U uch kechayu uch kunduz na tuz totgan, na suv ichgan edi. Dovud undan: — Sen kimning odamisan? Qayerdan kelyapsan? — deb so‘radi. — Misrlikman, Omolek urug‘idan bo‘lgan bir odamning quliman, — dedi yigit. — Uch kun oldin kasal bo‘lib qolgan edim, xo‘jayinim meni cho‘lda qoldirib ketdi. Nagav cho‘lidagi Xaret xalqi hududiga, Yahudo hududiga, Nagav cho‘lidagi Xolib urug‘i yerlariga bostirib borib, Zixlax shahriga o‘t qo‘ydik. — Meni o‘sha bosqinchilarning yoniga olib bora olasanmi? — deb so‘radi Dovud. — Seni o‘ldirmayman, xo‘jayiningning qo‘liga topshirmayman, deb Xudo nomi bilan ont ichsangiz, sizni o‘sha bosqinchilar oldiga olib boraman, — dedi yigit. Shunday qilib, Misrlik odam Dovudga yo‘l ko‘rsatib ketdi. Bosqinchilar dala bo‘ylab tarqalib, Filist va Yahudo yerlaridan talon–taroj qilib kelgan mo‘l–ko‘l o‘ljalarini yeb–ichib, xursandchilik qilishayotgan edi. Dovud ertasi kun kechqurungacha ularni qirdi. Tuyalarga minib qochgan to‘rt yuz yigitdan tashqari, ulardan birortasi ham qutulib keta olmadi. Shunday qilib, Dovud Omolek xalqi tortib olgan hamma narsalarini, jumladan, ikkala xotinini ham qaytarib oldi. Katta–kichikdan, o‘g‘il–qizlardan, o‘lja olingan mollardan, xullas, Omolek xalqi olib ketgan narsalardan birortasi qolib ketmadi. Dovud hammasini qaytarib oldi. Dovud Omolek xalqining hamma mol–qo‘ylarini o‘lja qilib oldi. Dovudning odamlari o‘lja olingan mol–qo‘ylarni o‘zlarining mollari oldidan haydab ketar ekan: “Bular — Dovudning o‘ljalari”, deyishardi. Shundan keyin Dovud Basor soyligida toliqib orqada qolib ketgan ikki yuz kishi oldiga qaytdi. Ular ham Dovud bilan uning odamlarini kutib olgani chiqishdi. Dovud ularga yaqin kelgach, omonlik tiladi. Lekin Dovud bilan borgan ba’zi yomon, yaramas odamlar: — Bular biz bilan birga bormadilarmi, endi o‘lja olingan narsalardan hech qanday ulush bermaymiz, har qaysisi faqat xotini bilan bolalarini olib ketsin, — deyishdi. — Yo‘q, birodarlarim, — dedi Dovud, — bu narsalarni bizga Egamiz berdi, endi unday qilmanglar. Egamizning O‘zi bizni saqladi, ustimizga bostirib kelgan bosqinchilarni qo‘limizga berdi. Sizlarning bu gapingizga kim rozi bo‘ladi? Urushga borganlar bilan anjomlar yonida qolganlarning ulushi birdir, har bir narsa teng bo‘linadi. O‘sha kundan boshlab Dovud bu usulni Isroilda qonun–qoida holiga keltirdi, ushbu qonun bugungacha davom etib kelyapti. Nihoyat, Dovud Zixlaxga qaytdi. U o‘zining o‘rtoqlari — Yahudo oqsoqollariga tortib olingan o‘ljalardan jo‘natib: “Mana Egamizning g‘animlaridan tortib olingan o‘ljalardan sizlarga in’omlar”, deb aytib yubordi. In’omlar quyidagi shaharlarning oqsoqollariga jo‘natildi: Baytil, Nagav cho‘lidagi Ramo‘t shahri, Yatir, Aror, Sifmo‘t, Eshtamo‘va, Raxol, Yaraxmal urug‘i va Xayin xalqining shaharlari, shuningdek, Xo‘rmax, Bo‘r–Oshon, Otax va Xevron shaharlari. Dovud odamlari bilan kezgan yerlarning hammasiga o‘ljalardan jo‘natdi. Filistlar esa shu paytda Isroil lashkari bilan jang qilishayotgan edi. Isroil lashkari Filistlarning oldiga tushib qochib, ko‘plari Gilbova tog‘ida halok bo‘ldi. Endi Filistlar Shoul bilan uning o‘g‘illari ortidan tushdilar. Natijada Shoulning o‘g‘illari Yo‘natan, Abunadov va Malkishuva o‘ldirildi. Shoulning atrofida jang tobora avjiga chiqdi. Shu payt Filist kamonchilari Shoulga qarata o‘q otdilar. Shoul og‘ir yaralandi. U qurolbardoriga: — Qilichingni sug‘urgin–da, menga sanch, toki anavi sunnatsizlar kelib, menga qilich solib, xo‘rlamasinlar, — dedi. Lekin qurolbardori qo‘rqdi, Shoulning aytganini qilmadi. Shunda Shoul qilichini qinidan sug‘urib, o‘zini qilich ustiga tashladi. Qurolbardori ham Shoulning halok bo‘lganini ko‘rib, o‘zini qilichi ustiga tashlab, Shoul bilan birga o‘ldi. Shunday qilib, Shoul, uning uchala o‘g‘li, qurolbardori va hamma sipohlari bir kundayoq halok bo‘lishdi. Yizril vodiysining naryog‘ida va Iordan daryosining sharq tomonida yashaydigan Isroil xalqi o‘z sipohlarining qochganini, Shoul bilan o‘g‘illari o‘lganini ko‘rishdiyu, shaharlarini tashlab qochishdi. Filistlar bu shaharlarga kelib o‘rnashib olishdi. Ertasi kuni Filistlar halok bo‘lganlarni talon–taroj qilgani jang maydoniga kelishdi. Birdan ular Gilbova tog‘ida Shoul bilan uchala o‘g‘lining jasadi yotganini ko‘rib qolishdi. Ular Shoulning boshini kesib, qurollarini olishdi. Filistlar bosib olgan yerlariga xabarchilar yo‘llab, bu xushxabarni butxonalariga, xalqqa eshittirishdi. Shoulning qurol–aslahasini Ashtaret uyiga qo‘yishdi, jasadini esa Bayt–Shan shahrining devoriga qoqib qo‘yishdi. Giladdagi Yobosh aholisi Filistlarning Shoulni qanday ahvolga solganini eshitib qolishdi. Shunda hamma jasur yigitlar tun bo‘yi yurib, Bayt–Shanga borishdi. Shoul bilan o‘g‘illarining jasadlarini Bayt–Shan devoridan olib, Yoboshga olib borishdi va u yerda kuydirishdi. Suyaklarini yig‘ishtirib, Yoboshdagi tamarisk daraxti tagiga dafn qilgach, yetti kun ro‘za tutishdi. Shoul halok bo‘lgandan keyin, Dovud Omolek xalqini yengib, Zixlax shahriga qaytib keldi va u yerda ikki kun qoldi. Uchinchi kuni Shoulning qarorgohidan Dovudning oldiga bir odam keldi. U qayg‘udan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan, ayanchli ahvolda edi. O‘sha odam Dovudning oldiga kelgach, muk tushib, unga ta’zim qildi. — Qayerdan kelyapsan? — deb so‘radi Dovud. — Isroil qarorgohidan qochib keldim, — dedi u odam. — Ayt–chi, nima bo‘ldi? — deb so‘radi Dovud. — Sipohlar urush maydonidan qochdilar, odamlarimizdan ko‘plari o‘ldirildi, Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natan ham halok bo‘ldi, — dedi u. Shunda Dovud: — Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natanning halok bo‘lganini qayerdan bilasan? — deb so‘radi xabarchi yigitdan. — Tasodifan Gilbova tog‘iga borgan edim, — deb gapida davom etdi u. — Shoul nayzasiga zo‘rg‘a suyanib turar, dushman otliqlari va jang aravalari esa unga tomon yopirilib kelayotgan ekan. Shoul orqasiga qarab, meni ko‘rib qolib chaqirdi. “Labbay”, dedim men. “Sen kimsan?” deb so‘radi Shoul. “Omolek xalqidanman”, dedim men. So‘ng u: “Bu yoqqa kel, meni o‘ldir. Tarashaday bo‘lib serrayib qoldimu, lekin jonim chiqmayapti”, dedi. Shoh og‘ir yaralangani uchun, endi yashay olmasligiga ko‘zim yetib, uni o‘ldirdim. Boshidagi tojini va qo‘lidagi bilakuzugini olib, sizga — janobi oliylariga keltirdim. Dovud bu gapni eshitib, qayg‘udan kiyimlarini yirtdi. Boshqalar ham shunday qildilar. Shoul va uning o‘g‘li Yo‘natan, Egamizning lashkari — Isroil xalqidan ko‘pchiligi jangda halok bo‘lgan edilar. Shuning uchun hammalari oqshomgacha aza tutib faryod qildilar, ro‘za tutdilar. Dovud shum xabarni olib kelgan yigitdan: — Qayerliksan? — deb so‘radi. — Men Omolek xalqidanman, begona xalqdanman, — dedi yigit. — Egam moy surtib Shoulni shoh qilib tanlagan edi–ku! Shunday shohga qo‘l ko‘tarib, o‘ldirishdan qo‘rqmadingmi? — dedi Dovud unga. Keyin Dovud bitta sipohini chaqirdi–da: — Qani, o‘ldir uni! — deb buyurdi. Yigit Omolekka bir qilich urib o‘ldirdi. Dovud unga qarata: — Tiling o‘zingning boshingga yetdi. Egam moy surtib tanlagan shohni men o‘ldirdim, deb o‘z og‘zing bilan guvohlik berding, — dedi. Dovud Shoul bilan uning o‘g‘li Yo‘natan uchun marsiya kuyladi. So‘ng, ushbu marsiya Yahudo xalqiga o‘rgatilsin, deb farmon berdi. Bu marsiya “Yoshur” kitobida yozilgan. “Ey, Isroil, yo‘q bo‘ldi G‘ururing sening tepaliklaringda, Qanday qulagan ekan dovyuraklar! Bu xabarni Gatliklarga eshittirmang, Ashqalon ko‘chalarida yoyib yurmang. Toki Filist qizlari sevinmasin, Sunnatsizlar qizlari shod bo‘lmasin. Ey, Gilbova tog‘lari, Tepangizga shudring, yomg‘ir tushmasin, Hosildor yerlaringiz hosilsiz qolsin! O‘sha yerlarda yo‘qotdi shuhratini Bahodirlarning qalqoni, Shoulning qalqoniga moy surtilmas endi. Bir dam tinmadi Yo‘natanning yoyi Yer tishlaganlar qonidan Va yigitlarning tanasidan. Shoulning qilichi behuda ko‘tarilmasdi. Shoul bilan Yo‘natan aziz va dilkash edilar, Hayotda ham, o‘lganda ham birga bo‘ldilar. Burgutdan chaqqon, Sherdan kuchli edilar ular. Shoul uchun aza tuting, ey, Isroil qizlari! U sizlarga shohona liboslar kiydirgandi, Libosingizni oltin taqinchoqlar–la bezagandi. Urushda qanday qulagan ekan dovyuraklar! Elim tepaligida Yo‘natan jonsiz yotar. Qayg‘uraman sen uchun, birodarim Yo‘natan, Menga ko‘p azizu qadrdon eding sen, Naqadar ajoyib edi menga bo‘lgan muhabbating, Ayollarning sevgisidan ham edi ortiq. Qanday qulagan ekan dovyuraklar! Qanday yo‘q bo‘ldi jang qurollari.” Shundan keyin Dovud Egamizdan: — Yahudo shaharlaridan birortasiga boraymi? — deb so‘radi. — Bor! — dedi Egamiz. — Qaysi shaharga boray? — deb so‘radi Dovud. — Xevronga bor! — deb javob berdi Egamiz. Dovud ikkala xotini — Yizrillik Oxinavam va Karmillik Navolning bevasi Obigayl bilan o‘sha yoqqa jo‘nadi. Odamlarini ham oilalari bilan birga olib ketdi. Hammalari Xevron atrofidagi shaharlarga joylashdilar. Yahudo xalqi Xevronga borib, Dovudning boshiga moy surtib, uni Yahudo ustidan shoh qilib tanlashdi. Shunda ular Dovudga: “ Giladdagi Yobosh shahri aholisi Shoulni dafn qilibdi”, deb xabar yetkazishdi. Dovud xabarchilar orqali Yobosh aholisiga shunday xabar jo‘natdi: “Shoul shoh janoblariga sadoqatingizni ko‘rsatib, uni dafn qilibsizlar. Buning uchun sizlarni Egam yorlaqasin. Egam sizlardan marhamatini va sadoqatini darig‘ tutmasin. Qilgan xayrli ishingizga yarasha sizlarga yaxshilik qilay. Endi dadil, mard bo‘linglar. Shoh janoblari Shoul olamdan o‘tdilar. Yahudo xalqi esa menga moy surtib o‘zlariga shoh qildi.” Nar degan odamning o‘g‘li Abnur Shoulning lashkarboshisi bo‘lgan edi. Abnur Shoulning o‘g‘li Ishbositni Moxanayim shahriga olib keldi. Uni Gilad, Osher, Yizril, Efrayim, Benyamin hududlariga — butun Isroilga shoh qildi. Ishbosit qirq yoshida shoh bo‘lib, u Isroilda ikki yil shohlik qildi. Lekin Yahudo xalqi Dovudga ergashdi. Dovud Xevronda Yahudo xalqiga yetti yilu olti oy shohlik qildi. Nar o‘g‘li Abnur Ishbositning odamlarini boshlab Moxanayimdan chiqdi va Givon shahriga qarab yurdi. Dovudning odamlariga Zeruya o‘g‘li Yo‘ab bosh bo‘lib u yerga borganda, Givon hovuzi yonida Ishbositning odamlariga duch kelib qoldi. Tomonlarning biri hovuzning bir tarafida, ikkinchisi boshqa tarafida to‘xtashdi. Abnur Yo‘abga: — Qani, har ikkala tomondan yigitlar ro‘paramizda olishsinlar, — dedi. — Mayli, olishaverishsin, — dedi Yo‘ab. Ishbositning Benyamin qabilasidan o‘n ikki odami, Dovudning odamlaridan ham o‘n ikkitasi chiqdi. Ular bir qo‘li bilan bir–birlarining boshlarini ushlashdi, ikkinchi qo‘li bilan qilichlarini bir–birlarining biqinlariga sanchishdi. Hammalari birga yerga yiqilib jon berishdi. Shu sababdan Givondagi o‘sha joyga “Tig‘lar maydoni” deb nom berilgan. O‘sha kungi jang juda qattiq bo‘ldi. Baribir, Abnur boshliq Isroil odamlari Dovudning odamlaridan yengildi. Zeruyaning uch o‘g‘li — Yo‘ab, Abushay va Osoyil ham o‘sha kuni u yerda edilar. Osoyil, xuddi kiyikka o‘xshab, juda chopag‘on edi. U na o‘ngga, na chapga burilmay, to‘ppa–to‘g‘ri Abnurning izidan quvib ketdi. Abnur orqasiga qarab: — Osoyil, bu senmisan? — deb so‘radi. — Ha, menman, — dedi Osoyil. — Yo o‘ngga yoki chapga ket, yigitlardan birortasiga hamla qilib, qurol–yarog‘ini ol, — dedi Abnur. Ammo Osoyil Abnurning ortidan qolmadi. Abnur Osoyilni yana ogohlantirdi: — Meni quvlama, tag‘in abjag‘ingni chiqarib yubormay! Aks holda akang Yo‘abning yuziga qanday qarayman?! Baribir Osoyil uning ortidan qolmadi. Abnur nayzasining orqa uchi bilan Osoyilning qorniga bir urgan edi, nayza Osoyilning orqasidan teshib chiqdi. Osoyil yerga yiqildi–yu, jon berdi. Hamma Osoyil yiqilib o‘lgan joyga yetib bordi–yu, to‘xtab qoldi. Yo‘ab bilan Abushay esa Abnurning izidan qolmadi. Kun botganda ular Omoh tepaligiga yetib borishdi. Omoh Givon cho‘liga boradigan yo‘lning sharq tomonidagi Giyoh degan joy yaqinida edi. Benyamin qabilasidan odamlar yig‘ilib kelib Abnurning atrofiga birlashdi va bir tepalikning ustida to‘xtashdi. So‘ngra Abnur Yo‘abni chaqirib dedi: — Qachongacha bir–birimizni qiramiz?! Buning oqibati yomon bo‘lishini bilasan–ku! Odamlaringga: “Bo‘ldi, endi birodarlaringizni ta’qib qilmanglar”, deb qachon buyruq berasan? Yo‘ab esa shunday javob berdi: — Xudo haqi, yaxshiyamki o‘zing aytding. Bo‘lmasa, odamlarim ertaga ertalabgacha birodarlarini ta’qib qilishni to‘xtatmasdilar. Yo‘ab burg‘u chaldirdi, hamma to‘xtadi. Shundan so‘ng ular Isroil lashkarini ta’qib qilishdan to‘xtab, ular bilan jang qilmadilar. Abnur esa tun bo‘yi odamlari bilan Iordan vodiysi bo‘ylab yurib, Iordan daryosini kechib o‘tdi, ular jarlikni yoqalab, Moxanayimga yetib kelishdi. Yo‘ab Abnurni quvlashdan to‘xtab, orqasiga qaytdi va hamma odamlarini to‘pladi. Osoyildan tashqari, Dovudning odamlaridan yana o‘n to‘qqiz kishi halok bo‘lgan edi. Lekin Dovudning odamlari Abnurning qo‘l ostidagi Benyamin qabilasidan uch yuz oltmish kishini o‘ldirgan edilar. Yo‘ab odamlari bilan Osoyilning jasadini olib kelib, ota–bobolarining Baytlahmdagi xilxonasiga dafn qilishdi. Yo‘ab va uning odamlari tuni bilan yo‘l yurib, Xevronga yetib kelishganda, tong otgan edi. Shoul xonadoni bilan Dovud xonadoni o‘rtasidagi urush uzoq davom etdi. Shoulning xonadoni zaiflashgan sari, Dovud xonadoni kuchayib boraverdi. Dovudning Xevronda tug‘ilgan o‘g‘illari quyidagilardir: to‘ng‘ich o‘g‘li — Yizrillik Oxinavamdan tug‘ilgan Omno‘n, ikkinchisi — Karmillik Navolning bevasi Obigayldan tug‘ilgan Xilov, uchinchisi — Gashur shohi Talmayning qizi Maxodan tug‘ilgan Absalom, to‘rtinchisi — Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo, beshinchisi — Obidadan tug‘ilgan Shafatiyo, oltinchisi — Dovudning boshqa xotini Eglaxdan tug‘ilgan Yitrayom. Dovudning bu o‘g‘illari Xevronda tug‘ilgan edilar. Shoul xonadoni bilan Dovud xonadoni o‘rtasida urush bo‘lganda, Shoulning xonadonidan lashkarboshi Abnur tobora kuchayib boraverdi. Shoulning Rizpa degan kanizagi bo‘lardi. U Oyo degan odamning qizi edi. Bir kuni Ishbosit Abnurga: — Nimaga otamning kanizagi bilan birga bo‘lding? — deb qoldi. Abnur Ishbositning gapidan qattiq g‘azablanib: — Meni, Yahudoga xizmat qilayotgan ko‘ppaklardan, deb o‘ylayapsizmi? — dedi. — Bugungacha otangiz Shoulning xonadoniga, xesh–aqrabosiga, yor–birodarlariga sodiq qoldim–ku. Sizni Dovudning qo‘liga bermadim–ku. Endi esa o‘sha xotin tufayli meni ayblayapsiz. [9-10] Egamiz: “Shohlikni Shoul xonadonidan tortib olib, Dandan Bershevagacha bo‘lgan joyda yashovchi Isroil va Yahudo xalqi ustidan Dovudning shohligini barpo qilaman”, deb ont ichgan. Endi men ham Dovud uchun xizmat qilmasam, Egam meni ne ko‘yga solsa solsin, undan battarrog‘ini ko‘rsatsin. *** Ishbosit Abnurdan qo‘rqdi, unga churq eta olmadi. Shundan so‘ng Abnur o‘z nomidan Dovudga choparlar orqali shunday xabar berdi: “Bu yurtda siz hukmron bo‘lishingiz kerak. Men bilan ahd qiling. O‘shanda men siz tomonda bo‘laman, butun Isroil xalqini sizga moyil qilaman.” Dovud shunday javob jo‘natdi: “Yaxshi, sen bilan ahd qilaman. Lekin bitta shartim bor: meni ko‘rgani kelganingda, Shoulning qizi, xotinim Mixalni ham olib kel. Aks holda meni ko‘ra olmaysan.” Dovud Ishbositga ham elchilar orqali shu xabarni jo‘natdi: “Xotinim Mixalni o‘zimga qaytarib ber. Men uni yuzta Filistning sunnat terisi evaziga olgan edim.” Ishbosit Mixalning eri Palti huzuriga odamlar jo‘natib, Mixalni oldirib keldi. Palti Layish deganning o‘g‘li edi. Eri yo‘l bo‘yi yig‘lay–yig‘lay Boxurim shahrigacha Mixalga ergashib bordi. Keyin Abnur unga: — Orqangga qayt! — dedi. Palti qaytib ketdi. Abnur Isroil oqsoqollariga shunday xabar jo‘natdi: — Sizlar anchadan beri, Dovud bizga shoh bo‘lsin, deb orzu qilib kelardingizlar. Endi harakat qilinglar. Chunki Egamiz Dovud to‘g‘risida gapirib: “Xalqim Isroilni qulim Dovud orqali Filistlarning va jamiki g‘animlarining qo‘lidan qutqaraman”, degan. Abnur Benyamin odamlari bilan yuzma–yuz gaplashdi. So‘ng Isroil xalqi va Benyamin qabilasiga ma’qul kelgan maslahat to‘g‘risida Dovud bilan gaplashgani Xevronga bordi. Abnur yigirmata hamrohi bilan Dovudning huzuriga keldi. Dovud Abnur va uning hamrohlari sharafiga ziyofat berdi. Abnur Dovudga: — Endi ketishga ijozat bering, butun Isroil xalqini shoh hazratlari huzuriga yig‘ib kelay, — dedi. — Ular siz bilan ahd qilganlaridan keyin, o‘zingiz istagan hamma joyda shohlik qiling. Dovud Abnurga ijozat berdi. Abnur sog‘–salomat o‘z yo‘liga ketdi. Xuddi shu paytda Dovudning Yo‘ab boshliq odamlari bir bosqindan qaytishdi. Ular bir qancha mol–mulkni o‘lja qilib olib kelishdi. Ammo Abnur Xevronda — Dovudning huzurida emas edi. Dovud Abnurga ijozat bergandan keyin, u sog‘–salomat ketgan edi. Yo‘ab hamma jangchilari bilan Xevronga yetib kelganda, unga: “Abnur shoh huzuriga kelgan edi, shoh unga qaytib ketishga ijozat berdi, Abnur eson–omon ketdi”, deb aytib berishdi. — Nima qilib qo‘ydingiz? — dedi Yo‘ab shohning huzuriga borib. — Bu qanaqasi, sizning huzuringizga Abnur o‘z oyog‘i bilan kelsayu, siz esa uni qo‘yib yuborsangiz?! Abnur ketib qolibdi–ku. Abnurni bilasizmi o‘zi?! U sizni aldagan, qayerga borishingizni, kelishingizni, nima qilayotganingizni bilish uchun kelgan. Yo‘ab Dovudning huzuridan chiqiboq, Abnurning orqasidan choparlar jo‘natdi. Choparlar Abnurni Siro sardobasi bo‘yidan qaytarib kelishdi. Dovud bu voqeadan bexabar edi. Abnurni Xevronga qaytarib kelishgach, Yo‘ab: “Xoli gaplashib olaylik”, deb uni darvoza yo‘lagiga olib o‘tdi. Ukam Osoyilning o‘limi uchun qasos olay, deb Abnurning qorniga pichoq urib, o‘ldirdi. Dovud bu voqeani eshitgach, dedi: — Egam oldida men ham, shohligim ham to abad Abnurning qoni uchun aybdor emas. Uning qoni Yo‘ab va uning jamiki ota xonadoni gardaniga tushsin. Yo‘abning avlodidan yara toshgan, teri kasalligiga chalingan, cho‘loq, urushda o‘lgan, nonga zor bo‘lgan kishilar hech arimasin. Yo‘ab akasi Abushay bilan birgalikda Abnurni o‘ldirdi. Abnur Givondagi urushda ularning ukasi Osoyilni o‘ldirgan edi. So‘ngra Dovud Yo‘ab bilan uning hamma odamlariga shunday amr berdi: — Abnurning jasadi tepasida yig‘langlar. Kiyimlaringizni yirtib, qanorga o‘raninglar. Shoh Dovudning o‘zi tobutning orqasida bordi. Abnurni Xevronda dafn qilishdi. Shoh Dovud Abnurning qabri ustida yig‘ladi. O‘sha yerda hamma ho‘ng–ho‘ng yig‘ladi. Shoh Dovud Abnur uchun yig‘layotib, shunday marsiya aytdi: “Ey Abnur, ahmoqlarday o‘lishing kerakmidi?! Jinoyatchilarday qo‘llaring bog‘liq emasdi, Jinoyatchilarday oyoqlaringga kishan urilmagandi. Insofsizlar qo‘liga tushib qolding sen, Vijdonsizlar dastidan nobud bo‘lding sen.” Hamma Abnurning tepasida yana yig‘ladi. Quyosh botmasdan oldin xalq Dovudning yoniga borib: — Biror narsa tanovul qilib oling, — deb ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi. — Quyosh botmasdan oldin non yoki boshqa biror narsa tanovul qilsam, Xudo meni ne ko‘yga solsa solsin, hatto undan battarrog‘iga duchor qilsin, — deb ont ichdi Dovud. Shohning hamma qilgan ishlari barchaga ma’qul kelgani singari, xalq uning bu ishini ham ma’qul topdi. O‘sha kuni butun Isroil xalqi Abnurning o‘ldirilishida shohning qo‘li yo‘qligini bildi. Shoh odamlariga dedi: — Bilmaysizlarki, bugun Isroildan bir yo‘lboshchi, ulug‘ bir inson ketdi. Xudo moy surtib tanlagan shoh bo‘lsam ham, bugun ojizman. Anavi Zeruyaning o‘g‘illari mendan ancha kuchli. Egam yomonlarning qilmishiga yarasha jazosini bersin. Ishbosit Abnurning Xevronda o‘ldirilganini eshitdi–yu, bo‘shashib qoldi. Butun Isroil xalqi vahimaga tushdi. Ishbositning xizmatida Banax va Raxav degan ikkita odam bor edi, ular bosqinchi to‘dalar sardori edilar. O‘zlari Bero‘t shahridan bo‘lib, Benyamin qabilasidan Rimmon deganning o‘g‘illari edi. Bero‘t shahri u vaqtda Benyamin hududiga kirardi. Bero‘t aholisi Gitayim shahriga qochib ketgan edi. O‘shandan buyon ular kelgindi bo‘lib o‘sha yerda yashaydilar. Shoulning naslidan Mefibosit degan ikkala oyog‘i ham nogiron bola bor edi. U Yo‘natanning o‘g‘li edi. “Shoul bilan Yo‘natan halok bo‘ldi”, deb Yizril shahridan xabar kelganda, Mefibosit besh yoshda edi. Enagasi, bolani olib qochaman, deb shosha–pisha ketayotganda, bolani qo‘lidan tushirib yuborgan, bola esa nogiron bo‘lib qolgan edi. Bir kuni Raxav bilan Banax kun rosa qizigan paytda Ishbositning uyiga kelishdi. Tush payti, Ishbosit o‘zining xonasida uxlayotgan ekan. [6-7] Ikkala aka–uka bug‘doy olish bahonasida uyga kirishdi. Uyga kirganlari zahoti, Ishbositning qorniga xanjar urib, uni o‘ldirdilar. So‘ng uning boshini kesib olib ketdilar. Raxav bilan Banax tun bo‘yi Iordan vodiysi bo‘ylab yurishdi. *** Ular Ishbositning boshini Xevronga — shoh Dovudga olib kelishib, unga shunday deyishdi: — Mana sizni o‘ldirmoqchi bo‘lgan g‘animingiz Shoulning o‘g‘li Ishbositning boshi! Egamiz bugun Shouldan va uning xonadonidan shoh janoblari uchun o‘ch oldi. Biroq Dovud Raxav bilan ukasi Banaxga shunday dedi: — Jonimni har turli balo–qazolardan asragan Xudo shohid! Shoulning o‘limini bittasi o‘zicha xushxabar deb olib kelgan edi. O‘sha odamni ushlab, Zixlaxda o‘ldirtirgan edim. Uning mukofoti shu bo‘lgan edi! Aybsiz odamni o‘zining uyida, to‘shagida o‘ldirgan yovuz kimsalarning o‘ldirilishi ham shubhasizdir! Hoziroq sizlardan uning xunini talab qilib, butunlay quritib yubormasammi?! Dovud yigitlariga farmon bergan edi, ular ikkala aka–ukani o‘ldirishdi. So‘ng qo‘l–oyoqlarini kesib tashlab, jasadlarini Xevrondagi hovuz bo‘yidagi tik o‘rnatilgan xodalarning uchlariga qoqishdi. Ishbositning boshini Abnurning Xevrondagi xilxonasiga olib borib dafn qilishdi. Jamiki Isroil qabilalari Xevronga — Dovudning huzuriga kelib shunday deyishdi: — Biz ham sizning jigaringizmiz. Ilgari Shoul shohimiz bo‘lganda ham, urushlarda Isroil lashkariga o‘zingiz bosh bo‘lar edingiz. Egamiz sizga: “Sen xalqim Isroilning cho‘poni bo‘lib, ularni boqasan, Isroilga sen rahnamolik qilasan”, deb va’da bergan edi. Shunday qilib, Dovud Xevronda Isroil oqsoqollari bilan Egamiz oldida ahd qildi. Isroil oqsoqollari Dovudning boshiga moy surtib, uni Isroil ustidan shoh qilib ko‘tarishdi. Dovud o‘ttiz yoshida shoh bo‘lib, qirq yil shohlik qildi. Xevronda yetti yilu olti oy Yahudo ustidan, Quddusda esa o‘ttiz uch yil butun Isroil va Yahudo ustidan shoh bo‘ldi. Shoh Dovud odamlari bilan Quddusda yashayotgan Yobus xalqiga qarshi otlanganda, ular Dovudga: “Sen bu yerga kira olmaysan, hatto oramizdagi ko‘rlar bilan cho‘loqlar ham seni orqangga uloqtirib yuboradi”, deyishdi. Yobus xalqi: “Dovud shahrimizni bosib ololmaydi”, deb o‘ylagan edi. Ammo Dovud Sion qal’asiga bostirib kirib, qal’ani egalladi. Keyinchalik bu qal’aga “ Dovud qal’asi ”, deb nom berildi. O‘sha kuni Dovud odamlariga shunday dedi: — Kimki Yobus xalqini yengmoqchi bo‘lsa, shaharga quvur orqali kirib, “cho‘loq” va “ko‘r” Yobuslarga hujum qilsin. Ularni ko‘rgani ko‘zim yo‘q.” Shu sababdan: “Ko‘rlar bilan cho‘loqlar Xudo uyiga kirmaydi”, degan gap paydo bo‘lgan. Shunday qilib, Dovud qal’ani egallab, bu yerni “Dovud qal’asi”, deb atadi. U Millo degan joydan boshlab butun shahar atrofini devor bilan mustahkamladi. Dovud tobora kuchayib borardi, chunki Parvardigori Olam — Egamiz unga yor edi. Tir shohi Xiram Dovudga elchilar jo‘natib, sadr yog‘ochlarini, duradgorlar va tosh teruvchilarni ham yo‘lladi. Ular Dovudga bir saroy qurib berishdi. Dovud endi bildiki, Egamiz uni Isroil ustidan shoh qilib tayinlagan ekan, Egamiz O‘z xalqining haqi–hurmati uchun uning shohligini yuksaltirgan ekan. Dovud Xevrondan Quddusga kelgandan keyin, bu yerda yana kanizaklar, xotinlar oldi, ulardan yanada ko‘p o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Dovudning Quddusda tug‘ilgan farzandlari quyidagilar edi: Shimo, Sho‘vav, Natan, Sulaymon, Yibxar, Elishuva, Nafax, Yofiya, Elishama, Elyodax va Elifalet. Filistlar: “Isroil xalqi Dovudga moy surtib shoh qilishibdi” degan xabarni eshitishdi. Shundan keyin barcha Filist lashkari Dovudni qidirib jangga otlandilar. Dovud bu xabarni eshitib, muhofaza qo‘rg‘oniga chiqdi. Filistlar kelib, Rafa soyligida yoyildilar. Dovud Egamizdan: — Filistlarga hujum qilaymi? Ularni qo‘limga berasanmi? — deb so‘radi — Hujum qil! — deb javob berdi Egamiz Dovudga, — ularni albatta qo‘lingga beraman. Shunday qilib, Dovud Baal –Perazimga ketdi va u yerda Filistlarni tor–mor qildi. Keyin shunday dedi: — Suv to‘g‘ondan toshib dalani bosgani singari, Egam g‘animlarimni bosib, oldimdan uloqtirib yubordi. Shu sababdan bu yerga “Baal–Perazim” degan nom berildi. Filistlar o‘sha yerda butlarini tashlab qochgan edilar, Dovud odamlari bilan o‘sha butlarni olib ketdi. Undan so‘ng Filistlar yana Rafa soyligiga kelib, jangga shay bo‘lib turishdi. Dovud tag‘in Egamizning xohish–irodasini so‘radi. Egamiz esa shunday javob berdi: “Old tomonidan hujum qilma. Ularning orqasiga aylanib o‘tgin–da, mumiyoli daraxtlar tomondan yaqinlashib bor. Mumiyoli daraxtlar tepasida qadam tovushlarini eshitganing zahoti ularga hujum qil. O‘shanda Men Filist lashkarini yo‘q qilish uchun sening qarshingdan chiqaman.” Dovud, Egamiz amr berganiday qilib, G‘ibodan Gezer shahrigacha bo‘lgan joylarda Filistlarni tor–mor qildi. Dovud Isroil lashkaridan yana o‘ttiz ming saralangan odamlarini to‘pladi. Dovud o‘z odamlari bilan Yahudodagi Baalo shahriga jo‘nadi. Uning maqsadi Xudo — ikki karub orasida taxt qurgan Sarvari Olamning sandig‘ini olib kelish edi. Xudoning sandig‘i Abunadovning tepalikdagi uyida edi. Sandiqni yangi arava ustiga ortishdi. Abunadovning o‘g‘illari Uzzox bilan Oxyo aravani haydab ketishdi. Abunadovning tepalikdagi uyidan Xudoning sandig‘ini olib ketishayotganda, Oxyo sandiqning oldida borayotgan edi. Dovud va jamiki Isroil xalqi Egamizning huzurida berilib, o‘yin–kulgi qilayotgan edilar. Ular lira, arfa, childirma, shaqildoq va zang chalib, qo‘shiklar bilan bu voqeani bayram qilayotgan edilar. Noxun degan odamning xirmoniga yetib borganlarida, ho‘kizlar qoqilib ketdi. Uzzox qo‘lini uzatib Xudoning sandig‘ini ushlab qoldi. Lekin Uzzox hurmatsizlik qilgani uchun, Egamiz undan g‘azablanib, o‘sha yerdayoq Uzzoxni urib, jonini oldi. Uzzox Xudoning sandig‘i yonginasida jon berdi. Egamiz Uzzoxni urgani uchun, Dovud qattiq g‘azablandi. O‘sha kundan buyon shu joy “Paraz–Uzzox”, deb aytiladi. Dovud o‘sha kuni Egamizdan qo‘rqib: “Qanday qilib Egamning sandig‘ini o‘zim bilan olib kela olar ekanman?” deb o‘yladi. U Egamizning sandig‘ini Dovud qal’asiga — o‘zinikiga olib borishni xohlamadi. Sandiqni Gatlik Obidadomning uyiga tashlab ketdi. Egamizning sandig‘i Gatlik Obidadomning uyida uch oy turdi. Egamiz Obidadomga va uning butun xonadoniga baraka berdi. “Egamiz O‘zining sandig‘i uchun Obidadomning butun xonadoniga, unga qarashli hamma narsaga marhamat qildi”, deb shoh Dovudga xabar yetkazishdi. Shunday qilib, Dovud borib, Obidadomning uyidan Xudoning sandig‘ini o‘z qal’asiga katta tantana bilan olib keldi. Egamizning sandig‘ini olib borayotganlar olti qadam yurishganda, Dovud bir buqa bilan bir bo‘rdoqi buzoqni qurbonlik qildi. Dovud Egamizning huzurida butun vujudi bilan o‘yinga tushardi. U o‘shanda ruhoniylarning muqaddas libosini kiyib olgan edi. Dovud bilan butun Isroil xalqi sevinchli xitoblar, karnay sadolari ostida Egamizning sandig‘ini olib kelishardi. Egamizning sandig‘i Dovud qal’asiga kirib kelayotganda, Shoulning qizi Mixal derazadan qarab turgan edi. U Egamizning oldida sakrab o‘ynayotgan shoh Dovudni ko‘rdiyu, o‘z ko‘nglida uni past ko‘rdi. Egamizning sandig‘ini Dovud maxsus qurdirgan chodirning ichkarisiga olib kirib qo‘yishdi. Keyin Dovud Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari keltirdi. U qurbonliklar qilib bo‘lgandan keyin, Sarvari Olam nomidan xalqni duo qildi. So‘ng hammaga — erkagu ayolga, jamiki Isroil jamoasiga bir donadan gardish non, bir hovuchdan xurmo va bir hovuchdan mayiz tarqatdi. Shundan keyin xalq uy–uyiga tarqaldi. Dovud o‘z oilasini duo qilgani uyiga kelganda, Shoulning qizi, Dovudning xotini Mixal peshvoz chiqib, Dovudga shunday dedi: — Bugun Isroil shohi qanday ajoyib shuhratga erishdi–ya! Xuddi bema’ni odamlarday, yarim yalang‘och bo‘lib, a’yonlaringning cho‘rilari oldida o‘zingni ko‘rsatding! — Men Egam oldida o‘ynadim! — dedi Dovud. — U otang va uning butun xonadonidan meni ortiq ko‘rgan, O‘z xalqi Isroilga meni rahnamo qilib tanlagan. Ha, Egam oldida albatta o‘ynayman. Bundan buyon o‘zimni yana ham pastroq tutarman, balki ularning oldida o‘zimni yana ham kichik tutarman. Lekin bilib qo‘y, sen aytgan o‘sha cho‘rilardan men sharaf toparman. Shoulning qizi Mixal umrining oxirigacha befarzand o‘tdi. Shoh Dovud o‘z saroyida yashar, Egamiz esa uni to‘rt tarafdagi g‘animlaridan omon saqlar edi. Shoh bir kuni Natan payg‘ambarga dedi: — Qarang, men sadr yog‘ochidan qurilgan uyda yashayapman, Xudoning sandig‘i esa chodirda turibdi. — Ko‘nglingda nima bo‘lsa, shuni qilaver, Egam sen bilan, — dedi Natan. O‘sha kuni kechasi Natanga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi: “Qulim Dovudning oldiga borgin–da, unga shu gaplarni yetkaz: — Egam shunday aytmoqda: Istiqomat qilishim uchun uyni Menga sen qurmaysan. Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanimdan to shu kungacha biror uyda yashagan emasman. U yerdan bu yerga ko‘chib, chodirda maskan qilib yurdim. Men hech qachon Isroil xalqining rahnamolariga — xalqimning cho‘ponlariga shikoyat qilmadim. Hech qachon ularning birortasiga: “Nima uchun menga sadr daraxti yog‘ochidan uy qurib bermadingizlar?” deb aytmadim. Endi qulim Dovudga ayt: — Sarvari Olam shunday demoqda: “Men seni yaylovlardagi qo‘y suruvi orasidan tanlab olib, xalqim Isroilga rahnamo qildim. Qayerga borsang, sen bilan bo‘ldim, hujum qilganingda, hamma g‘animlaringni yo‘q qildim. Endi sening nomingni olamdagi ulug‘ odamlarning nomi singari mashhur qilaman. [10-11] Xalqim Isroilga ilk hakamlarni tayinlaganimdan buyon vijdonsiz odamlar bu xalqimni ezib keldilar. Endi xalqim Isroil uchun bir yurt tayin etib, ularni o‘sha yerga o‘tqazaman. Ular o‘z yurtida istiqomat qilishadi, boshqa behalovat bo‘lishmaydi. Seni hamma g‘animlaringdan tinch–omon saqlayman. Men, Egang, sen uchun bir xonadon yarataman, deb aytmoqdaman. *** Sen olamdan o‘tib, ota–bobolaring yoniga dafn qilinganingdan keyin ham, Men o‘g‘illaringdan birini shoh qilib, uning shohligini mustahkamlayman. Menga atab uyni u quradi. Men esa uning shohlik taxtini to abad mustahkam qilaman. Men unga Ota bo‘laman, u esa Menga o‘g‘il bo‘ladi. Agar gunoh qilsa, ota o‘g‘lini jazolaganday, Men ham uni jazolayman. Seni shoh bo‘lsin, deb Shoulni inoyatimdan mahrum qilgan edim. Lekin o‘g‘lingdan hech qachon marhamatimni darig‘ tutmayman. Xonadoning va shohliging Mening oldimda abadiy turadi, taxting to abad mustahkam bo‘ladi.” Xudo ayon qilganlarning hammasini Natan Dovudga aytdi. Shundan keyin shoh Dovud Egamizning huzurida o‘tirib, shunday ibodat qildi: “Ey, Egamiz Rabbiy! Men kim bo‘libman, xonadonim nima bo‘libdiki, Sen meni bu qadar ulug‘lading?! Buning ustiga, ey, Egamiz Rabbiy, Sen kelajak zamonda yuz beradigan voqealardan xabar berib, bu qulingning xonadoni uchun ko‘p va’da berding. Sening bu va’dalaring jamiki insonlarga tegishli bo‘lsin, ey, Egamiz Rabbiy! Men Senga ortiq nima deya olardim, Egamiz Rabbiy! Axir, bu qulingni bilasan–ku. Bergan va’dangga, O‘z xohishingga muvofiq, shunday ulug‘vor ish qilding va bu qulingga ayon etding. Naqadar ulug‘vorsan, ey, Egamiz Rabbiy! Senga o‘xshagan boshqa xudo haqida hech qachon eshitmaganmiz, Sening aslo o‘xshashing yo‘q, Sendan o‘zga Xudo yo‘q! Xalqing Isroilga o‘xshashi yo‘q! Ey, Xudoyim, boshqa qaysi xalqni Sen qullikdan xalos qilib, O‘zingning xalqing qilding?! Sen O‘z xalqingni Misrdan olib chiqib, butun olamga shuhratingni yoyding. Buyuk va ajoyib ishlaring bilan xalqing oldidan begona xalqlaru xudolarni quvding. Xalqing Isroilni, to abad O‘zimning xalqim bo‘ladi, deb mustahkamlading, ey, Egam, Sen ularning Xudosi bo‘lding. Ey, Parvardigor Egamiz! Bu qulingga va uning xonadoniga qarata aytgan so‘zingda to abad tur, bergan va’dangni bajar, toki odamlar, Sarvari Olam — Isroilning Xudosi ekan, deb nomingni to abad maqtab yursinlar. Ha, quling Dovudning xonadonini O‘zing har doim mustahkam qilgin. Ey, Isroilning Xudosi — Sarvari Olam! Bu qulingga, sening xonadoningni yarataman, deb ayon etgansan! Shu sababdan bu quling Senga shunday deb ibodat qilishga jur’at etdi. Ey, Egamiz Rabbiy! Sen — Xudosan, so‘zlaring — haq. Sen bu qulingga ana shunday ezgu narsalarni va’da qilgansan. Agar O‘zing ma’qul ko‘rsang, bu qulingning xonadoniga marhamat qilgin, toki Sening huzuringda to abad tursin. Sen so‘z bergansan, ey, Egamiz Rabbiy! Sening marhamating tufayli bu qulingning xonadoni to abad marhamatga sazovor bo‘lg‘ay.” Birmuncha vaqt o‘tgach, Dovud yana Filistlarga hujum qilib, ularni mag‘lub qildi va Matex–Ommoh shahrini Filistlardan tortib oldi. So‘ng Mo‘ab xalqini ham mag‘lub qildi. Asirlarni yerga qator qilib yotqizib, qatorni arqon bilan o‘lchay boshladi. Bir o‘lchab, tirik qoldirdi, ikki o‘lchab o‘ldirdi. Shunday qilib, tirik qolgan Mo‘ab xalqi Dovudga qul bo‘lib, o‘lpon to‘laydigan bo‘lishdi. Zo‘vo shohi Hadadzar o‘z shohligini boshqatdan o‘rnatmoqchi bo‘lib Furot daryosi bo‘ylariga yurish qilgan edi. Dovud uni ham tor–mor qildi. Hadadzar Rexob deganning o‘g‘li edi. Dovud Hadadzarning bir ming yetti yuzta otliq, yigirma mingta piyoda sipohini asirga oldi. O‘zining yuzta jang aravasi uchun kerakli otlarni qoldirib, boshqa hamma otlarni mayib qildi. Damashqdagi Oram xalqi Zo‘vo shohi Hadadzarga yordamga kelgan edi, Dovud ulardan yigirma ikki ming kishini o‘ldirdi. So‘ng Damashqdagi Oram xalqining shaharlariga o‘zining qo‘nolg‘alarini joylashtirdi. Oram xalqi ham Dovudga qaram bo‘lib, o‘lpon to‘laydigan bo‘ldilar. Shunday qilib, Dovud qayerga bormasin, Egamiz uni zafarga erishtirdi. Dovud Hadadzarning a’yonlari ko‘tarib yuradigan oltin qalqonlarni tortib olib, Quddusga keltirdi. Yana Hadadzarning qo‘li ostidagi Betax va Baro‘tay shaharlaridan ko‘p bronza olib ketdi. Xomat shohi To‘ax “Dovud Hadadzarning hamma lashkarini mag‘lub qilibdi”, deb eshitib qoldi. To‘ax shoh Dovudning huzuriga o‘g‘li Yoramni yuborib, uni qutladi, jangda Hadadzardan g‘olib kelgani uchun Dovudni olqishladi. To‘ax Hadadzar bilan uzoq vaqtdan beri urishib kelardi. Yoram Dovudga oltin, kumush, bronza idishlarni hadya qilib olib keldi. Shoh Dovud bu in’omlarni bosib olgan yurtlardan keltirgan oltinu kumushlar bilan birga Egamizga nazr qildi. Bular Edom, Mo‘ab, Ommon yurtlaridan, Filist va Omolek xalqlaridan olib kelingan, Zo‘vo shohi Hadadzardan olingan o‘ljalar edi. Dovud Tuz vodiysida Oram xalqidan o‘n sakkiz ming kishini halok qilib qaytgandan so‘ng, yanada dong taratdi. Edom yurtining hamma yeriga o‘z qo‘nolg‘alarini joylashtirdi. Edom xalqi Dovudga qaram bo‘ldi. Dovud qayerga borsa, Egamiz uni zafarga erishtirdi. Dovud butun Isroilda shohlik qilar ekan, xalqini odillik bilan boshqarardi. Zeruya o‘g‘li Yo‘ab — lashkarboshi, Oxilud o‘g‘li Yohushafat — mushovir edi. Oxitob o‘g‘li Zodo‘x bilan Abuatar o‘g‘li Oximalek — ruhoniy, Sarayo — mirza edi. Yohayido o‘g‘li Binayo — Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarning boshlig‘i, Dovudning o‘g‘illari esa ruhoniy edilar. Bir kuni Dovud: — Shoul xonadonidan biror odam qoldimi? — deb so‘radi. — Agar bo‘lsa, Yo‘natanning haqi–hurmati unga yaxshilik qilayin. Shoul xonadonida Zibax degan bir xizmatkor bor edi. Uni Dovudning huzuriga chaqirib kelishdi. — Senmisan, Zibax? — deb so‘radi shoh. — Ha, janobi oliylari, menman, — dedi Zibax. — Shoul xonadonidan birorta odam qolganmi? — deb so‘radi shoh. — Unga Xudoning inoyatini ko‘rsatayin. — Yo‘natanning bir o‘g‘li bor, uning ikkala oyog‘i ham cho‘loq, — dedi Zibax. — Qayerda u? — so‘radi shoh. — Lo‘davorda, Omiyol o‘g‘li Moxirning uyida, — dedi Zibax. Shoh Dovud Lo‘davordagi Moxirning uyidan Mefibositni o‘z huzuriga oldirib keldi. Shoulning nabirasi Mefibosit Yo‘natanning o‘g‘li edi. Mefibosit Dovudning huzuriga kelib, muk tushib ta’zim qildi. — Mefibosit! — dedi Dovud. — Qulingiz shu yerda, — deb javob berdi Mefibosit. Dovud unga dedi: — Qo‘rqma, otang Yo‘natanning haqi–hurmati uchun senga yaxshilik qilay. Bobong Shoulning hamma yerlarini senga qaytarib beraman. O‘zing esa har doim mening dasturxonimdan taom yeysan. Mefibosit ta’zim qilib: — Men, qulingiz, kim bo‘libmanki, o‘lik itga o‘xshagan mendek bir kimsaga yaxshilik qilyapsiz? — dedi. So‘ng shoh Dovud Shoulning xizmatkori Zibaxni chaqirtirdi: — Ilgari Shoulga va uning xonadoniga nima tegishli bo‘lsa, hammasini xo‘jayiningning nabirasi Mefibositga berdim, — dedi Dovud unga. — Mefibosit uchun sen o‘g‘illaring va qullaring bilan yerga ishlov berib, hosil olinglar, toki xo‘jayiningning nabirasi ehtiyojiga yarasha oziq–ovqat bilan ta’minlansin. Xo‘jayiningning nabirasi Mefibosit har doim mening dasturxonimdan taom yeydi. Zibaxning o‘n besh o‘g‘li va yigirmata quli bor edi. Shunda Zibax shohga: — Janobi oliylari bu quliga nima buyurgan bo‘lsalar, hammasini ijro eturman, — dedi. Mefibosit, xuddi shoh farzandlarining biriday, shoh dasturxonidan taom yeydigan bo‘ldi. Mefibositning Mixa degan yoshgina o‘g‘li ham bor edi. Zibax xonadonida yashaganlarning hammasi Mefibositning xizmatkori bo‘ldi. Mefibosit Quddusda istiqomat qilib qoldi va doim shoh dasturxonidan taom yedi. Uning ikkala oyog‘i ham cho‘loq edi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, Ommon shohi Naxosh olamdan o‘tib, o‘rniga o‘g‘li Xanun shoh bo‘ldi. Dovud: “Naxosh menga sodiq edi, men ham uning o‘g‘li Xanunga sodiq bo‘layin”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Shunday qilib, otasi vafoti munosabati bilan tasalli berish uchun Dovud o‘z elchilarini uning huzuriga jo‘natdi. Dovudning elchilari Ommon yurtiga borgach, Ommon beklari o‘zlarining shohi Xanunga shunday deb o‘rgatishdi: “Dovud bu odamlarini otangiz hurmati uchun jo‘natgan, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, Dovud elchilarini sizning huzuringizga yomon niyat bilan yuborgan, u shaharni kuzatib, tekshirib, keyin qo‘lga kiritmoqchi.” Shu gapdan so‘ng Xanun Dovudning elchilarini ushladi, ularning soqollarining yarmini qirqib, kiyimlarini sonlarigacha kestirib, orqaga qaytarib yubordi. Dovud bu voqeani eshitdi–yu, elchilarini kutib olish uchun odamlar jo‘natdi. Elchilar juda sharmandali ahvolda qolgan edilar. Shoh o‘sha elchilariga: “Soqolingiz o‘sguncha Yerixoda qolinglar, keyin mening oldimga qaytib kelinglar”, deb ayttirib yubordi. Ommon xalqi “Endi Dovudning g‘azabiga duchor bo‘ldik”, deb o‘yladi. Ular har tomonga xabar jo‘natib, Bayt–Rexob va Zo‘vo shaharlaridan Oram xalqining yigirma ming piyoda sipohini, Maxo shahri shohidan mingta sipohni va Tov xalqidan o‘n ikki ming sipohni yolladilar. Dovud bu xabarni eshitdi–yu, lashkarboshi Yo‘ab boshchiligida qo‘riqchilarining hammasini urushga safarbar qildi. Ommon lashkari shahar darvozasi oldida Dovudga qarshi saf tortdi. Rexob va Zo‘vodan kelgan Oram sipohlari, Tov va Maxodan kelgan odamlar yalanglikda, alohida saf tortdilar. Yo‘ab g‘anim to‘dalari orqayu oldindan hujum qilayotganini ko‘rib, Isroilning saralangan sipohlaridan tanlab oldi–da, Oram lashkarlariga qarshi saflantirdi. Qolganlariga esa ukasi Abushayni bosh qilib, Ommonlarga qarshi shay qilib qo‘ydi. Yo‘ab Abushayga: — Oram lashkari mendan ustun kelsa, sen yordamga kelasan, — dedi. — Bordi–yu, Ommonlar sendan baland kelsa, men yordamga boraman. Bardam bo‘l! Xalqimiz va Xudoyimizning shaharlari uchun mardlarcha kurash olib boraylik. Egamizning xohish–irodasi bajo bo‘lsin. Yo‘ab boshchiligidagi sipohlar Oram lashkariga qarshi tashlandilar. Oram lashkari esa ularning oldiga tushib qochib qoldilar. Ularning qochganini ko‘rgan Ommonlar ham Abushaydan qochib, shaharga berkindilar. Shundan keyin Yo‘ab ular bilan jang qilmay, Quddusga qaytib ketdi. Oram lashkarlari Isroil lashkaridan yengilganlarini anglab yetganlaridan so‘ng, yana bir joyga to‘planishdi. Shoh Hadadzar Furot daryosining narigi tomonidagi Oram lashkariga xabar berib, endi ularni ham chaqirdi. Oram lashkari Hadadzarning lashkarboshisi Sho‘vax boshchiligida Xelam shahriga keldi. Dovud bu voqeani eshitib, jamiki Isroil lashkarini yig‘di, Iordan daryosini kechib o‘tib, Xelamga yetib bordi. Oram lashkari saf tortib, Dovud lashkarlari bilan jang qildi. Ammo Oram lashkari yana Isroil lashkarining oldiga tushib qochib qoldi. Dovud Oram lashkarining yetti yuzta jang aravasi aravakashini va qirq ming otliq sipohini o‘ldirdi. U Hadadzarning lashkarboshisi Sho‘vaxni ham yaralagan edi, Sho‘vax jang maydonidayoq jon berdi. Shunday qilib, Hadadzarning qo‘l ostidagi hamma shohlar mag‘lubiyatga uchrab, Isroil xalqi bilan sulh tuzishga majbur bo‘ldi. Ular Isroil xalqiga qaram bo‘lib qoldi. Shundan keyin Oram xalqi Ommon xalqiga yordam berishdan qo‘rqib qoldi. Bahor boshlanib, shohlar urushga ketadigan payt ham bo‘ldi. Dovud lashkarboshilariga va butun Isroil qo‘shiniga Yo‘abni bosh qilib, urushga yubordi. Ular Ommon lashkarini yakson qilib, Rabba shahrini qamal qilishdi. Dovudning o‘zi Quddusda qolgan edi. Bir kuni oqshom payti Dovud yotog‘idan chiqdi–da, saroy tomiga ko‘tarilib shaharni tomosha qila boshladi. Birdan cho‘milayotgan bir ayolni ko‘rib qoldi. Ayol juda go‘zal edi. Dovud bittasiga: — Borib bil–chi, u kim ekan, — deb jo‘natdi. O‘sha odam qaytib kelib: — U ayol Eliyomning qizi, Xet xalqidan bo‘lgan Uriyoning xotini, ismi Botsheva ekan, — dedi. Dovud: “Ayolni olib kelinglar”, deb xizmatkorlarini jo‘natdi. Ayolni Dovudning huzuriga olib kelishdi. Ayol hayz ko‘rgan bo‘lib, tozalanish rasm–rusumlarini endi tugatgan ekan. Dovud u bilan birga bo‘ldi. Keyin ayol uyiga qaytdi. Ayol homilador bo‘lganini bildi va bu haqda Dovudga xabar berdi. Dovud Yo‘abga, Xet xalqidan bo‘lgan Uriyoni mening oldimga yubor, deb xabar yo‘lladi. Yo‘ab Uriyoni Dovudning oldiga jo‘natdi. Uriyo kelgandan keyin, Dovud undan Yo‘ab va sipohlarning ahvolini, urushning qanday borayotganini so‘radi. So‘ng Uriyoga: — Uyingga bor, dam ol, — dedi. Uriyo saroydan chiqqach, shoh uning orqasidan hadyalar jo‘natdi. Lekin Uriyo uyiga ketmadi, shohning soqchilari bilan birga saroy darvozasi yonida uxlashga qoldi. Dovudga, Uriyo uyiga ketmabdi, deb xabar yetkazishdi. Dovud Uriyodan: — Sen safardan kelding–ku, nega uyingga bormading? — deb so‘radi. Uriyo shunday javob berdi: — Xudoning sandig‘i ham, Isroil va Yahudo sipohlari ham chodirlarda qoldi, lashkarboshim Yo‘ab bilan janobi oliylarining odamlari yap–yalang maydonda chodir tikib yotishibdi. Ahvol shunaqaligini bila turib, men yeb–ichish, xotinim bilan birga bo‘lish uchun uyimga borsam yaxshi bo‘lmas. Ont ichib aytamanki, zinhor bunday ish qilmayman. Shundan keyin Dovud: — Bugun shu yerda qol, ertaga seni jo‘natib yuboraman, — dedi. Uriyo o‘sha kuni Quddusda qoldi. Ertasiga Dovud Uriyoni yana chaqirib, yedirib–ichirdi. Uriyo mast bo‘lib qoldi. Kech kirgach, Uriyo tag‘in uyiga ketmay, shoh soqchilari yonidagi o‘rnida uxladi. Ertasiga ertalab Dovud Yo‘abga bir maktub yozib, Uriyo orqali berib yubordi. Maktubning mazmuni shunday edi: “Uriyoni urush qizigan joyga yuborgin–da, bir o‘zini qoldir, toki u yaralanib halok bo‘lsin.” Yo‘ab shaharni qurshab olgan edi. Uriyoni g‘animning kuchli lashkari egallagan yerga yubordi. G‘anim lashkari shahardan chiqib kelib, Yo‘abning sipohlari bilan jang qildi. G‘anim lashkari Dovudning odamlaridan ba’zilarini o‘ldirdi, Xet xalqidan bo‘lgan Uriyo ham o‘ldirildi. Yo‘ab urushning borishi haqida Dovudga xabar berish uchun bir odamni jo‘natayotib, unga shunday deb tayinladi: — Sen urushga oid hamma xabarlarni shohga ayt. Lekin shoh g‘azablanib, senga shunday deb aytib qolishi mumkin: “Ular bilan jang qilish uchun nimaga shaharga bunchalik yaqin bordingizlar? Ular shahar devoridan turib o‘q otishlarini bilmasmidingizlar? Gido‘nning o‘g‘li Abumalekni kim o‘ldirgan edi? Esingizda yo‘qmi, Tavozda bir ayol Abumalekning ustiga devor tepasidan tegirmon toshini tashlab yuborib o‘ldirgandi–ku! Shunday ekan, nima uchun devorga bunchalik yaqin bordingizlar?” Agar shu gaplarni aytsa, sen: “Qulingiz Uriyo ham o‘ldi”, deysan. Xabarchi jo‘nab ketdi. Dovudning huzuriga yetib borgach, Yo‘ab nima deb buyurgan bo‘lsa, hammasini oqizmay–tomizmay shohga aytib berdi: — Ommonlar bizdan ustun keldi, shahardan chiqib biz bilan dashtda jang qildi. Keyin ularni shahar darvozasigacha quvib bordik. Shu paytda Ommonlarning merganlari shoh hazratlarining odamlarini devordan turib o‘qqa tutishdi. Odamlaringizdan ba’zilari o‘ldi, qulingiz Uriyo ham o‘ldi, — dedi. — Yo‘abga ayt, — dedi Dovud xabarchiga. — Ro‘y bergan hodisadan uning ko‘ngli cho‘kmasin. Jang qurbonsiz bo‘lmaydi. Shaharga hujumni kuchaytirib, yer bilan yakson qilsin. Shunday deb, unga dalda ber. Uriyoning xotini erining halok bo‘lganini eshitib, aza tutdi. Aza muddati tugagach, Dovud ayolni saroyga oldirib keldi. Ayol Dovudga turmushga chiqdi va bir o‘g‘il tug‘di. Biroq Dovudning bu qilig‘i Egamizga ma’qul kelmadi. Egamiz payg‘ambar Natanni Dovudning huzuriga jo‘natdi. Natan Dovudning huzuriga kelib gap ochdi: — Bir shaharda ikki odam yashar ekan. O‘sha odamlardan biri boy, boshqasi kambag‘al ekan. Boyning juda ko‘p mol–qo‘ylari bor ekan. Kambag‘alning esa bittagina sotib olib boqayotgan sovliq qo‘zichoqdan boshqa hech narsasi yo‘q ekan. Qo‘zichoq kambag‘al odamning uyida bolalar bilan birga katta bo‘layotgan ekan. Qo‘zichoq uning taomidan yeb, idishidan suv ichar, qo‘ynida uxlarkan. Qisqasi, qo‘zichoq o‘sha odamning qiziday ekan. Bir kuni boy odamning uyiga bir yo‘lovchi tashrif buyuribdi. Boy mehmonga taom hozirlash uchun o‘zining mol–qo‘ylaridan bittasini ham ko‘zi qiymabdi–da, kambag‘alning qo‘zisini so‘yib, mehmonga taom hozirlabdi. Dovud boy odamning ishidan qattiq g‘azablandi: — Xudo shohid! Shunday ish qilgan odam o‘limga loyiqdir! — dedi Natanga. — Bag‘ritoshlik qilib, shunday ish qilgani uchun u qo‘zichoq evaziga to‘rtta qo‘y to‘lashi lozim. Shu gapdan keyin Natan Dovudga: — O‘sha odam sensan! — dedi. — Isroil xalqining Xudosi — Egam shunday aytmoqda: “Men senga moy surtib tanlab Isroilga shoh qildim, Shoulning qo‘lidan xalos etdim. Senga xo‘jayiningning xonadonini in’om qildim, xotinlarini qo‘yningga solib qo‘ydim. Isroil va Yahudo xalqini senga berdim. Agar bular oz bo‘lsa edi, yana nimalarni bermasdim! Nega Mening oldimda qabihlik qilib, so‘zimni pisand qilmading? Xet xalqidan bo‘lgan Uriyoni o‘ldirding, ha, Ommonlarning qilichi bilan jonini olding. Xotinini esa tortib olding. Meni pisand qilmaganing uchun, Uriyoning xotinini tortib olganing uchun, bundan buyon qilich sening xonadoningga doim xavf solib turadi.” Egam shunday aytmoqda: “O‘zingning xonadoningdan o‘zingga yomonlik keltiraman. Ko‘z o‘ngingda xotinlaringni yaqinlaringdan biriga beraman. O‘sha yaqining kuppa–kunduzi xotinlaringning qo‘yniga kiradi. Ha, sen bu ishni yashirincha qilding, Men esa, butun Isroil xalqi ko‘rsin, deb kuppa–kunduzi qilaman.” — Egam oldida gunoh qildim! — dedi Dovud Natanga. — Egam gunohingdan o‘tdi, o‘lmaysan, — dedi Natan. — Biroq sen shu ishni qilib, Egamizni mensimaganliging uchun, tug‘ilgan bolang nobud bo‘ladi. Natan shu gaplarni aytib, uyiga ketdi. Dovud Uriyoning xotinidan farzand ko‘rgan edi. Egamiz esa o‘sha bolani og‘ir xastalikka mubtalo qildi. Dovud o‘g‘li uchun Xudoga iltijo qilib, ro‘za tutdi, uyiga borib kechalari ko‘kragini zaxga berib yotaverdi. Saroy oqsoqollari uni yerdan turg‘izmoqchi bo‘lishsa ham, Dovud turmadi, ular bilan birga taom ham yemadi. Yettinchi kuni bola olamdan o‘tdi. A’yonlar, bolangiz olamdan o‘tdi, deb xabar berishga qo‘rqishdi. “Bola tirik paytida, biz shoh bilan suhbatlashdik, ammo u bizning gapimizga quloq solmadi”, deyishdi o‘zaro. “Bolangiz vafot etdi, deb shohga qanday aytamiz? U o‘zini o‘zi biror narsa qilib qo‘yishi mumkin.” Dovud a’yonlarining o‘zaro shivir–shivir qilayotganlarini eshitib, bolasining nobud bo‘lganini bildi. — Bolam nobud bo‘ldimi? — deb so‘radi ulardan. — Ha, nobud bo‘ldi, — deyishdi a’yonlar. Shundan keyin Dovud yerdan turdi. Yuvinib, xushbo‘y moy surtdi va kiyimlarini almashtirdi. Egamizning uyiga borib, sajda qildi. So‘ng uyiga qaytib kelib: — Menga taom keltiringlar, — deb buyurdi. Dovud oldiga qo‘yilgan taomni yedi. Shunda a’yonlari so‘rashdi: — Nimaga bunday qilyapsiz? Bola tirikligida ro‘za tutdingiz, yig‘ladingiz, u nobud bo‘lgandan so‘ng esa, o‘rningizdan turdingiz, taom yedingiz. Dovud shunday javob berdi: — Ha, bolam tirikligida ro‘za tutdim, yig‘ladim. Kim biladi, Egam menga shafqat qilar, bolam tirik qolar, deb o‘ylagan edim, lekin endi bolam nobud bo‘ldi. Shunday bo‘lgach, nega ro‘za tutayin?! Bolani qaytarib olib kela olarmidim?! Men uning yoniga boraman, lekin u mening oldimga qaytib kelmaydi. Dovud xotini Botshevaga tasalli berdi, qo‘yniga kirib, u bilan qovushdi. Botsheva bir o‘g‘il tug‘di. Dovud bolaga Sulaymon deb ism qo‘ydi. Egamiz ham bolani yaxshi ko‘rib suydi va bu haqda Natan payg‘ambar orqali xabar berdi. Egamiz bolani sevgani uchun, Natan unga Yodidayo deb ism qo‘ydi. Bu paytda Yo‘ab Ommonlarning Rabba shahriga hujumni davom ettiraverdi. Nihoyat, shaharning shoh saroyi joylashgan qal’asini bosib oldi. Keyin Dovudga choparlar orqali shunday xabar jo‘natdi: “Rabba shahriga hujum qilib, hovuzni qo‘lga kiritdim. Endi qolgan sipohni boshlab keling, shaharni siz o‘rab, bosib oling, toki shaharni men qo‘lga kiritgan bo‘lmayin, aks holda shaharni Yo‘ab olgan deb aytib yurishadi.” Dovud hamma sipohlarini to‘plab, Rabba shahriga yo‘l oldi. Shaharga hujum qilib, qo‘lga kiritdi. Dovud ularning shohi boshidagi tojni ham oldi. Qimmatbaho tosh bilan bezatilgan, og‘irligi ikki pud keladigan oltin toj Dovudning boshiga qo‘ndi. Dovud shahardan katta miqdorda o‘lja yig‘di. U shahar aholisini arra, cho‘kich va bolta bilan qilinadigan ishlarga, g‘isht tayyorlashga majbur qildi. Dovud Ommon shaharlarining hammasida shu usulni qo‘lladi. Shundan keyin u hamma lashkarini boshlab, Quddusga qaytib ketdi. So‘ngra shunday hodisa sodir bo‘ldi: Dovudning Tamara degan go‘zal qizi bor edi. U Absalomning singlisi edi. Dovudning boshqa o‘g‘li Omno‘nga Tamara o‘gay edi. U Tamarani sevib qoldi. Omno‘n o‘gay singlisi Tamarani deb azob chekaverib, kasal bo‘lib qoldi. Tamara hali bokira bo‘lgani uchun, Omno‘n unga biror narsa qilishga ojiz edi. Omno‘nning Yonadov degan do‘sti bor edi. Yonadov Dovudning akasi Shimoning o‘g‘li bo‘lib, juda ayyor yigit edi. Bir kuni Yonadov Omno‘nga dedi: — Ey, shahzoda, nimaga kundan–kunga ozib–to‘zib ketyapsan? Menga ham sababini ayt–chi. — O‘gay akam Absalomning singlisi Tamarani sevib qoldim, — dedi Omno‘n. — To‘shakka mixlanib, o‘zingni kasalga sol, — dedi Yonadov. — Otang seni ko‘rgani kelganda, unga: “Marhamat qilib, singlim Tamara kelib menga biron taom bersin, taomni ko‘z oldimda tayyorlaganini men ko‘rayin va uning qo‘lidan taom yeyayin”, deb aytasan. Xullas, Omno‘n to‘shakka mixlanib, o‘zini kasalga soldi. Shoh uni ko‘rgani keldi. — Marhamat qilib, singlim Tamara kelib, oldimda ikki dona non yopsin, men uning qo‘lidan non yeyayin, — dedi Omno‘n. Tamara saroyda yashardi. Dovud unga: “Akang Omno‘nning uyiga borib, unga non yopib ber”, deb ayttirib yubordi. Tamara o‘gay akasi Omno‘nning uyiga bordi. Omno‘n to‘shakda yotgan ekan. Tamara xamir qorib, akasining ko‘zi oldida non yopdi. Tovadagi nonni olib kelib, Omno‘nning oldiga qo‘ygan edi, u yemadi. Omno‘n: — Huzurimdan hamma chiqib ketsin! — deb buyruq berdi, uyda hech kim qolmadi. Shundan keyin Omno‘n Tamaraga: — Taomni yotoqxonamga olib kir, sening qo‘lingdan yeyayin, — dedi. Tamara o‘zi yopgan nonlarni akasi Omno‘nning yotoqxonasiga olib kirdi. Yeng, deb nonni akasiga yaqin olib borgan edi, Omno‘n birdan Tamaraga yopishib: — Kel, men bilan birga bo‘l, singlim! — dedi. — Yo‘q, aka, meni zo‘rlamang! — dedi Tamara. — Isroilda bunaqa qilishmaydi–ku! Bunday qabih ishni qilmang! Bunday sharmandalikdan keyin men qanday bosh ko‘tarib yuraman?! Siz esa Isroildagi razil odamlardan bittasi bo‘lib qolasiz. Shohga aytsangiz, u meni sizdan ayamaydi–ku! Lekin Omno‘n Tamaraning gapiga quloq solmadi. Omno‘n Tamaradan kuchliroq edi, Tamarani zo‘rlab yotqizib, nomusiga tegdi. Keyin Omno‘n Tamaradan shunday nafratlanib ketdiki, unga bo‘lgan nafrati ardoqlagan sevgisidan kuchli edi. — Tur, jo‘na! — dedi u Tamaraga. — Yo‘q! — dedi Tamara. — Meni haydayapsiz, lekin bu ishingiz menga qilgan hozirgi gunohingizdan og‘irroqdir. Biroq Omno‘n uning gapiga quloq solmadi. Xizmatkorini chaqirib: — Bu xotinni huzurimdan haydab chiqarib, eshikni yop! — dedi. Xizmatkor Tamarani tashqariga haydab chiqarib, orqasidan eshikni yopdi. Tamara uzun, chiroyli gulli libos kiygan edi. Shohning turmushga chiqmagan qizlari shunday kiyinishardi. Tamara qayg‘usidan boshiga kul sochib, ustidagi uzun libosini yirtib tashladi. Uyatdan yuzini qo‘li bilan to‘sib, faryod solganicha ketdi. Akasi Absalom undan: — Akang Omno‘n sen bilan bo‘ldimi? — deb so‘radi. — Mayli, singlim, bu haqda birortasiga og‘iz ocha ko‘rma! Axir, u akang–ku! Bu voqeani ko‘nglingga olma. Shundan so‘ng Tamara akasi Absalomning uyida yashab yuraverdi. U doimo yolg‘iz, g‘amgin edi. Shoh Dovud bo‘lib o‘tgan voqeani eshitib, qattiq g‘azablandi. Absalom esa singlisi Tamaraning nomusini bulg‘agani uchun Omno‘ndan qanchalik nafratlansa ham, unga biror marta na yaxshi, na yomon gap qildi. Ikki yildan keyin Absalom shohning hamma o‘g‘illarini Baal –Xazorga ziyofatga taklif qildi. Baal–Xazor Efrayim shahri yaqinida bo‘lib, bu yerda Absalom qo‘ylarining junini qirqtirayotgan edi. Absalom shohning huzuriga kelib: — Qo‘ylarimning junini qirqtiryapman, marhamat qilib, shoh a’yonlari bilan birga men, qulingizga hamroh bo‘lsinlar, — dedi. — Biz hammamiz borsak, senga yuk bo‘lamiz, o‘g‘lim, — dedi shoh Dovud. Absalom qancha iltimos qilmasin, shoh, bora olmayman, deb unamadi, bormasa ham, o‘g‘lini duo qildi. — Bo‘lmasa, ijozat bersangiz, akam Omno‘n biz bilan borsin, — dedi Absalom. — Omno‘n nimaga sen bilan borishi kerak? — deb so‘radi shoh. Absalom iltimos qilavergandan keyin, shoh Omno‘nni va boshqa o‘g‘illarini u bilan birga jo‘natdi. Absalom xizmatkorlariga shunday buyruq bergan edi: — Qarab turinglar, Omno‘n sharob ichib, sarxush bo‘lishini kutinglar. Sizlarga “Omno‘nni uring”, deb aytishim bilanoq, uni o‘ldirasizlar. Qo‘rqmanglar, sizlarga men buyruq beryapman. Dadil, mard bo‘linglar! Xizmatkorlar Absalomning buyrug‘ini ijro etib, Omno‘nni o‘ldirdilar. Shohning qolgan o‘g‘illari esa xachirlariga minib qochib qolishdi. Ular yo‘lda ketayotganlarida, “Absalom shohning hamma o‘g‘illarini o‘ldiribdi, birortasi ham tirik qolmabdi”, degan xabar Dovudning qulog‘iga yetdi. Shoh o‘rnidan turdi–da, qayg‘udan kiyimlarini yirtib, o‘zini yerga otdi. Uning yonidagi barcha a’yonlari ham kiyimlarini yirtishdi. Dovudning akasi Shimo o‘g‘li Yonadov shunday dedi: — Shoh hazratlari, hamma o‘g‘illarimdan ayrilibman, deb o‘ylamasinlar, faqat Omno‘n o‘ldi, xolos. U o‘gay singlisi Tamaraning nomusiga tekkandan buyon Absalom Omno‘nni o‘ldirishga qasd qilib yurardi. Shoh janobi oliylari, hamma o‘g‘illaringiz o‘ldirilibdi, degan xabardan xavotirga tushmasinlar. Faqat Omno‘n o‘lgan, xolos. Absalom o‘sha zahoti qochib ketdi. Quddus devori ustidagi soqchi g‘arb tomondan shaharga qarab kelayotgan bir to‘p olomonni ko‘rdi. Yonadov shohga: — Ana, o‘g‘illaringiz kelishyapti, men, qulingiz, aytganday bo‘ldi, — dedi. U gapini tugatar–tugatmas, shohning o‘g‘illari yetib kelib, faryod ko‘tarishdi. Shoh ham, a’yonlar ham ho‘ng–ho‘ng yig‘lab ko‘z yosh to‘kishdi. [37-38] Absalom qochib ketib, Gashur shohi Talmayning yoniga bordi va u yerda uch yil qolib ketdi. Talmay Omihud deganning o‘g‘li edi. Shoh Dovud esa o‘g‘li Omno‘n uchun uzoq vaqt motam tutdi. *** Dovud Omno‘nning o‘limidan tasalli topgandan keyin, Absalomni sog‘ina boshladi. [1-2] Shoh Dovud Absalomni sog‘inayotganini Yo‘ab bildi. U bittasini Taxuva shahriga yuborib, u yerda yashaydigan bir donishmand ayolni oldirib keldi. Yo‘ab o‘sha ayolga: — Sendan bir iltimosim bor, — dedi. — Motamsaro qiyofaga kirib, azali kiyimlaringni kiyasan. Pardoz qilma, o‘zingni xuddi marhumga anchadan beri aza tutayotgan ayolday ko‘rsat. *** Men senga nima aytsam, shoh huzuriga borib, unga yetkazasan. Keyin Yo‘ab ayolga nimalar aytishi lozimligini o‘rgatdi. Taxuvalik ayol shoh huzuriga yo‘l oldi. Uning huzuriga borib, muk tushib ta’zim qildi–da: — Ey, shohim, yordam bering! — dedi. — Nima bo‘ldi? — deb so‘radi shoh. — Men bir baxtsiz tul ayolman, — dedi u. — Erim o‘lgan. Bu cho‘ringizning ikki o‘g‘li bor edi. Ikkovi dalada janjallashib qolishibdi. O‘sha yerda ularni ajratib qo‘yadigan biror kimsa yo‘q ekan, bittasi ikkinchisini urib o‘ldirib qo‘yibdi. Endi esa butun qavmim bu cho‘ringizga qarshi chiqib: “Birodarini o‘ldirganni bizning qo‘limizga ber, birodarini o‘ldirgani uchun undan qasos olamiz, qotilni o‘ldiramiz, merosxo‘rini yo‘q qilamiz”, deyishyapti, oxirgi umid nishonamdan ham ayirishmoqchi. Agar yana fojia yuz beradigan bo‘lsa, yer yuzida erimning nomini davom ettiradigan biror kimsa qolmaydi–ku. — Uyingga boraver, — dedi shoh, — men sening foydangga amr beraman. — Shoh hazratlari, bu voqeaga men va otamning xonadoni aybdor bo‘lsin, — dedi Taxuvalik ayol, — shohim va uning taxti begunoh bo‘lsin. — Kim senga biror narsa desa, uni mening oldimga boshlab kel. Bir ish qilayinki, o‘sha odam seni boshqa xafa qilmaydigan bo‘lsin, — dedi shoh. — Bo‘lmasa, shohim o‘zlarining Egasi Xudo nomi bilan ont ichsinlar, toki qasoskorlar yana ziyon–zahmat yetkazmasin, — dedi ayol. — Aks holda, o‘g‘limni o‘ldirib qo‘yishadi. — Xudo shohid! O‘g‘lingning biror tukiga ham zarar yetmaydi, — dedi shoh. — Endi ijozat bersangiz, bu cho‘ringiz shoh hazratlariga yana bir og‘iz gap aytmoqchi edi, — dedi ayol. — Ayt, — dedi shoh. Ayol gapini davom ettirdi: — Bo‘lmasa, nima uchun shoh Xudoning xalqiga qarshi bunday nohaqlikni ravo ko‘rayotirlar? Shohim haligi gapi bilan o‘zlarini gunohkor qilganday bo‘ldilar. Chunki, shohim, o‘zingiz quvg‘in qilgan odamni qaytarmayapsiz. Tuproqqa to‘kilgan suvni qayta yig‘ib bo‘lmaganiday, hammamiz ham olamdan o‘tib ketamiz. Lekin Xudo jonimizni olishni istamaydi. Xudo “Badarg‘a qilingan odam O‘zimdan uzoq ketmasin”, deb yo‘llarini qidiradi. Odamlar meni qo‘rqitgani uchun, shoh hazratlariga shularni aytib berishga keldim. O‘zimga o‘zim aytdim: “Shohga maslahat solay–chi, balki bu cho‘risining tilagini bajo aylar. O‘g‘lim bilan meni o‘ldirib, bizni Xudo bergan merosdan mahrum qiladiganning qo‘lidan qutqarishni faqat shoh o‘z zimmasiga olishi mumkin. Shoh hazratlari o‘z so‘zi bilan meni tinchlantiradilar. Chunki shohim, Xudoning farishtasi kabi, yaxshi–yomon gapni tinglab, ajrim qiladilar.” Egangiz Xudo sizga yor bo‘lsin! — Sendan bir narsani so‘rayman, lekin mendan hech narsani yashira ko‘rma! — dedi shoh. — So‘rasinlar, shoh hazratlari, — dedi ayol. — Bu aytganlaringning hammasida Yo‘abning qo‘li bormi? — deb so‘radi shoh. Ayol unga shunday javob berdi: — To‘g‘risi, shoh hazratlari, sizdan hech narsani yashirib bo‘lmas ekan! Ha, bu cho‘ringizga shu gaplarni o‘rgatgan va buyruq bergan — qulingiz Yo‘ab bo‘ladi. Ha, qulingiz Yo‘ab vaziyatni yaxshilash uchun o‘ylab topdi buni. Shoh hazratlari Xudoning farishtasi kabi donodir, el–yurtda bo‘lib o‘tgan voqealar uning nazaridan chetda qolmaydi. Shundan keyin shoh Yo‘abga: — Sen istaganingday bo‘la qolsin, bor, anavi yigitni — Absalomni qaytarib kel, — dedi. Yo‘ab muk tushib ta’zim qildi va: — Ey, shoh hazratlari, bugun men, qulingizning istagini bajo aylab, menga iltifot ko‘rsatayotganingizni bilib turibman, — deb shohni maqtadi. Shundan keyin Yo‘ab Gashurga borib, Absalomni Quddusga olib keldi. Lekin shoh: “Absalom uyiga borsin, mening huzurimga kelmasin”, deb amr berdi. Shuning uchun Absalom shohni ko‘ra olmay, uyiga ketdi. Butun Isroilda Absalom kabi chiroyli, kelishgan odam yo‘q edi. U boshdan–tirnog‘igacha benuqson edi. Sochini ko‘tarib yurish og‘irlik qilgani uchun har yil oldirardi. Oldirgan sochini tortib ko‘rganda, sochining og‘irligi shohlikdagi o‘lchov bo‘yicha besh yuz misqol chiqardi. Absalomning uch o‘g‘li va Tamara degan go‘zal bir qizi bor edi. Absalom Quddusda ikki yil turdi. Lekin shu vaqt davomida shohni ko‘ra olmadi. Nihoyat, Yo‘abni shoh huzuriga jo‘natmoqchi bo‘lib, bu haqda unga xabar berdi. Ammo Yo‘ab Absalomnikiga kelishni istamadi. Absalom ikkinchi marta xabar yubordi. Yo‘ab yana kelmadi. Shunda Absalom xizmatkorlariga: — Ko‘ryapsizlarmi, Yo‘abning arpa dalasi menikiga yondosh. Boringlar, uning arpasiga o‘t qo‘yinglar, — dedi. Xizmatkorlar borib, Yo‘abning arpasiga o‘t qo‘yishdi. Shunda Yo‘ab Absalomning uyiga bordi. — Nimaga xizmatkorlaring dalamga o‘t qo‘ydi? — dedi. Absalom unga shunday javob berdi: — Senga, menikiga kel, seni shoh huzuriga jo‘nataman, deb xabar bergan edim. Sen orqali shohga: “Gashurdan nega keldim? Qaytanga o‘sha yerda qolganimda, menga yaxshiroq bo‘lardi”, degan gaplarni yetkazmoqchi edim. Endi shoh huzuriga boray. Agar mening aybim bo‘lsa, o‘ldirsin. Shundan so‘ng Yo‘ab shoh huzuriga borib, Absalomning aytganlarini unga yetkazdi. Shoh Absalomni chaqirtirdi. Absalom shoh huzuriga kela solib, muk tushib ta’zim qildi. Shoh Absalomni o‘pdi. Absalom o‘zi uchun bitta jang aravasi, otlar va ellikta qo‘riqchini tayyorlab qo‘ydi. U ertalab turib, shahar darvozasiga boradigan yo‘l bo‘yida turadigan bo‘ldi. Janjalli ish bilan shoh huzuriga arz qilib kelayotgan har bir odamni Absalom to‘xtatib: — Qayerliksan? — deb so‘rardi. O‘sha odam: “ Isroilning falon qabilasidanman”, deb javob berardi. Absalom esa unga: — Qara, da’volaring to‘g‘ri, sen haqsan. Lekin sening gapingga quloq soladigan, shoh tayinlagan biror vakil yo‘q, — derdi. Keyin: — Agar yurtga men hakam bo‘lganimda edi, — deb qo‘shib qo‘yardi, — shikoyat yoki biror masala bilan mening oldimga kelgan odamga adolat qilardim. Birortasi uning oldiga muk tushib, ta’zim qilib kelishi bilanoq, Absalom o‘sha odamni turg‘izib, o‘pib qo‘yardi. Absalom shoh huzuriga shikoyat qilib kelgan Isroil xalqining hammasiga shunday muomala qilardi. Xullas, Absalom shu yo‘sinda Isroil xalqini o‘ziga og‘dirib oldi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Absalom shohga dedi: — Ijozat bersangiz, men Xevronga borib, Egamga atagan nazrimni ado etayin. Chunki men, qulingiz, Oramda — Gashur yurtida yashayotganimda, Egam meni Quddusga qaytarsa, albatta Xevronga borib Unga sajda qilaman, deb nazr atagan edim. — Eson–omon bor! — dedi shoh Absalomga. Absalom Xevronga borgan zahoti hamma Isroil qabilalariga maxfiy xabarchilar jo‘natib, ularga shunday dedi: “ Burg‘u ovozini eshitishingiz bilanoq, Absalom Xevronda shoh bo‘ldi, deb ovoza qilasizlar.” Absalom Quddusdan taklif qilgan ikki yuz kishi u bilan birga Xevronga borgandi. Taklif qilingan odamlar, bo‘lib o‘tgan voqealardan bexabar, yaxshi niyat bilan Absalomga ergashishgandi. Absalom Xevronda qurbonlik qilayotib, Dovudning maslahatchisi Oxito‘felni ham chaqirtirib keldi. Oxito‘fel Giloxda yashardi. Shu tariqa fitna kuchayib, Absalomni qo‘llayotganlar tobora ko‘payib borardi. Bir xabarchi Dovudning oldiga kelib: — Absalom Isroil xalqining ishonchini qozondi, — dedi. Shundan so‘ng Dovud Quddusda o‘ziga xizmat qilib yurgan hamma odamlariga shunday buyruq berdi: — Qani, qochib qolaylik! Bo‘lmasa, Absalom bizni sog‘ qo‘ymaydi. Hoziroq ketaylik, aks holda Absalom orqamizdan birpasda yetib olib bizni bir baloga giriftor qiladi, shahar aholisini bittama–bitta qilichdan o‘tkazadi! — Shoh hazratlari nima qarorga kelgan bo‘lsalar, biz, qullaringiz, bajarishga tayyormiz, — deyishdi shohning a’yonlari. Shunday qilib, shoh butun saroy ahlini ergashtirib, yo‘lga tushdi. Saroyga qarab tursin, deb faqat o‘nta kanizagini u yerda qoldirdi. Shoh va uning hamrohlari shaharning eng chetidagi uyga yetib borishgach, o‘sha yerda to‘xtashdi. Shohning hamma lashkari, Xaretlik va Palatlik hamma qo‘riqchilar, Gat shahridan unga ergashib kelgan olti yuzta odam shohning oldidan o‘tdi. Shoh Gatlik lashkarboshi Etxayga: — Nimaga sen biz bilan kelyapsan? — dedi. — Orqangga qayt, kim shoh bo‘lsa, o‘sha shoh bilan qol, chunki sen vatanidan quvilgan bir begonasan. Sen kechagina kelding. Men esa bugun qayerga borishimni o‘zim bilmayman–u, seni birga olib ketib sarson qilaymi? Qani, birodarlaring bilan orqaga qayt. Xudo marhamatini va sadoqatini sendan darig‘ tutmasin! Etxay shohga shunday javob berdi: — Shoh hazratlari! Xudo haqi, xoh hayot uchun bo‘lsin, xoh o‘lim uchun bo‘lsin, siz qayerda bo‘lsangiz, men, qulingiz ham, o‘sha yerda bo‘laman. — Bo‘pti, men bilan yuraver, — dedi Dovud Etxayga. Shundan keyin Gatlik Etxay, uning yonidagi hamma odamlari, bola–chaqalari bilan, Dovudning yonidan o‘tib yo‘lda davom etdilar. Xalq yo‘lda davom etarkan, atrofda el–yurt zor–zor yig‘lab faryod chekardi. Shoh Qidron soyligini bosib o‘tdi. Xalq sahroga boradigan yo‘l bo‘ylab ketardi. Ruhoniy Zodo‘x bilan Xudoning ahd sandig‘ini ko‘tarib borayotgan levilar, ruhoniy Abuatar ham shu yerda jam bo‘lgan edilar. Ular Xudoning sandig‘ini yerga qo‘yib, xalq shahardan chiqib bo‘lguncha kutib turishdi. Bir payt shoh Zodo‘xga dedi: — Xudoning sandig‘ini shaharga qaytarib olib bor. Agar Egam mendan rozi bo‘lsa, meni qaytarsin, sandiq turadigan joyni va sandiqni menga yana ko‘rsatsin. Ammo Egam: “Sendan rozi emasman”, desa, mayli, Unga nima ma’qul bo‘lsa, shuni qilsin. Shoh ruhoniy Zodo‘x bilan suhbatini davom ettirdi: — Sen valiy emasmisan?! O‘g‘ling Oximasni va Abuatarning o‘g‘li Yo‘natanni yoningga ol. Abuatar bilan birga shaharga eson–omon qaytib boringlar. Sizlardan aniq xabar kelmaguncha, men Iordan daryosining kechuvida yashirinib o‘tiraman. Men sahroda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunimcha, Quddusda nima bo‘layotganini bilayin. Xullas, Zodo‘x bilan Abuatar Xudoning sandig‘ini Quddusga qaytarib olib ketishdi va o‘zlari ham o‘sha yerda qolishdi. Dovud esa yig‘lay–yig‘lay Zaytun tog‘iga ko‘tarila boshladi. U qayg‘u–alamlardan boshini o‘rab olgan, yalangoyoq, yonidagi hamma odamlar ham boshlarini o‘ragan, yig‘laganlaricha toqqa chiqishardi. Shu payt kimdir Dovudga: — Maslahatchi Oxito‘fel ham Absalom bilan birga fitna uyushtirganlarning orasida ekan, — deb qoldi. — Ey, Egam! Iltijo qilaman: Oxito‘fel Absalomga ahmoqona maslahat bersin! — dedi Dovud. Dovud Zaytun tog‘ining tepasidagi Xudoga sajda qilinadigan joyiga chiqib borganda, u yerda Dovudni Orx urug‘idan bo‘lgan Xushay kutib oldi. Xushay ayanchli ahvolda bo‘lib, qayg‘udan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan edi. Dovud unga: — Agar men bilan borsang, menga yuk bo‘lasan, — dedi. — Sen shaharga qaytib bor, Absalomga: “Ey, shohim, men sizning qulingizman, otangizga oldin qanday itoat etgan bo‘lsam, sizga ham shunday itoat etaman”, deysan. Men uchun Oxito‘felning maslahatini yo‘qqa chiqarasan. Ruhoniylar Zodo‘x bilan Abuatar o‘sha yerda sening yoningda bo‘lishadi. Shoh saroyida nima eshitsang, ularni xabardor qilib tur. Zodo‘xning o‘g‘li Oximas bilan Abuatarning o‘g‘li Yo‘natan ham o‘sha yerda. Nimaiki eshitsangizlar, ruhoniylarning o‘g‘illari orqali meni xabardor qilib turasizlar. Shunday qilib, Dovudning do‘sti Xushay Quddusga keldi. Xuddi shu paytda Absalom ham Quddusga kirayotgan edi. Dovud Zaytun tog‘ining narigi tomoniga oshib o‘tayotganda, Mefibositning xizmatkori Zibaxga duch kelib qoldi. Zibax egarlangan ikkita eshak ustiga ikki yuzta non, yuz hovuch mayiz, yuz hovuch ho‘l meva va bir mesh sharob yuklab olgan edi. — Bularni nimaga olib kelding? — deb so‘radi shoh Zibaxdan. — Eshaklarni shohning xonadoni ahli minadi, non bilan ho‘l mevalarni yigitlar yeydi, sharobni esa sahroda toliqib sulayib qolganlar ichadi, — deb javob berdi Zibax. — Xo‘jayiningning nabirasi qayerda? — so‘radi Dovud. — Mefibosit Quddusda qoldi, — dedi Zibax. — Isroil xalqi bugun bobomning shohligini menga qaytarib beradi, deb o‘ylayapti u. — Mefibositning hamma narsasi endi seniki, — dedi shoh. — Qulingiz bo‘lay, shoh hazratlari! Tilagim shuki, har doim iltifotingizga sazovor bo‘lay, — dedi Zibax. Shoh Dovud Boxurimga yetib borganda, Shoul xonadonidan Shimax degan bir odam qarg‘anib o‘rtaga chiqdi. U Gera deganning o‘g‘li edi. Shohning o‘ng va chap tomonida hamma odamlari, qo‘riqchilari himoya qilib turishardi. Shunga qaramay, Shimax Dovudga va uning a’yonlariga tosh otardi. Shimax shunday deb haqorat qilar edi: — Yo‘qol, ket, ey, razil odam, sening qo‘ling qon! Sen Shoulning o‘rniga shoh bo‘lgan eding. Shoul xonadonidan qancha qonlar to‘kkan bo‘lsang, Egam hammasini o‘z boshingga qaytardi, shohlikni o‘g‘ling Absalomga berdi. Qo‘ling qon bo‘lgani uchun, qilmishingga yarasha kulfat tortyapsan. — Bu o‘lik ko‘ppak nega shoh hazratlarini haqorat qilar ekan? — dedi Zeruya o‘g‘li Abushay Dovudga. — Ijozat bersinlar, borib boshini uzib tashlay. Lekin shoh: — Bu sizlarga aloqador ish emas, ey, Zeruya o‘g‘illari! — dedi. — Egam unga “Dovudni qarg‘a!” degani uchun, u qarg‘ayotgan bo‘lsa, kim undan: “Nega bunday qilyapsan?” deb so‘ray oladi?! Keyin Dovud Abushay bilan barcha sipohlarga aytdi: — O‘zimning pushti kamarimdan paydo bo‘lgan o‘g‘lim meni o‘ldirmoqchi bo‘lyapti–yu, Benyamin naslidan bo‘lgan shu odamning qilig‘iga hayron bo‘lyapsizlarmi?! Qo‘yinglar uni, mayli, haqorat qilaversin, chunki unga shunday qil, deb Egam buyurgan. Balki Egam kulfatlarimni ko‘rib, bugungi haqoratlar evaziga yaxshilik qaytarar. Dovud odamlari bilan yo‘lida davom etaverdi. Dovudning yon tomonida — qir yonbag‘rida yurib ketayotgan Shimax uni qarg‘ar, tosh otardi. Shoh va hamrohlari boradigan joylariga yetib kelgunlaricha charchashdi va dam olish uchun to‘xtashdi. O‘sha paytda Absalom bilan unga ergashgan Isroil xalqi Quddusga kirdilar. Maslahatchi Oxito‘fel ham Absalom bilan birga edi. Dovudning do‘sti, Orx urug‘idan Xushay Absalomning yoniga borib: — Shohimizning umri uzoq bo‘lsin! Shohimizning umri uzoq bo‘lsin! — deb hayqirdi. Absalom Xushayga: — Do‘stingga sadoqating shumi? Nimaga do‘sting bilan ketmading? — deb so‘radi. — Nega ketar ekanman?! — dedi Xushay. — Men Egam va mana bu xalq, qolaversa, butun Isroil xalqi tanlagan odamni yoqlayman, o‘sha odamning yonida bo‘laman. Ha, men Dovudning o‘g‘li Absalomdan boshqa yana kimga ham xizmat qilardim?! Otangga qanday xizmat qilgan bo‘lsam, senga ham shunday xizmat qilaman. Shunda Absalom Oxito‘felga qarab: — Nima qilaylik, bizga maslahat ber–chi, — dedi. Oxito‘fel shunday maslahat berdi: — Otang, saroyga qarab turasizlar, deb kanizaklarini qoldirib ketgan edi. O‘sha kanizaklarning oldiga kir. Shunda sen otangni ochiqchasiga sharmanda qilganingni Isroil xalqi eshitadi. Seni qo‘llab–quvvatlagan odamlarning qarori yanada qat’iy bo‘ladi. Saroy tomida Absalom uchun bir chodir qurishdi. Absalom esa jamiki Isroil xalqining ko‘zi oldida otasining kanizaklari oldiga kirdi. O‘sha paytlari Oxito‘felning aytgan so‘zlari shunchalik dono ediki, xuddi to‘ppa–to‘g‘ri Xudodan kelganday tuyulardi. Shuning uchun, Absalom ham, Dovud qilganiday, Oxito‘felning hamma maslahatini so‘zsiz qabul qilardi. Oxito‘fel Absalomga shunday dedi: — Ijozat bersang, o‘n ikki ming kishini tanlab olaman, shu bugunoq kechasi otlanib, Dovudning orqasidan tushaman. Dovud charchagan, holdan toygan, unga hujum qilib qo‘rqitsam, yonidagilarning hammasi qochib ketadi. Men faqat shoh Dovudni o‘ldiraman, xolos. Keyin jamiki xalqni sening ixtiyoringga qaytarib olib kelaman. O‘zing qidirayotgan odamni topib o‘ldirsang bo‘ldi — hamma senga bosh egadi, butun xalq tinchiydi. Bu maslahat Absalomga ham, jamiki Isroil oqsoqollariga ham ma’qul keldi. — Orx urug‘idan bo‘lgan Xushay bor–ku, uni ham chaqirib kelinglar, — dedi Absalom, — u nimalar der ekan, eshitaylik–chi. Xushay keldi. — Oxito‘fel shunday–shunday maslahat berdi, — dedi Absalom. — Uning maslahatiga amal qilsak bo‘ladimi? Bo‘lmasa, sen maslahat ber. — Oxito‘felning bu safargi maslahati yaxshi emas, — dedi Xushay Absalomga. — Otang Dovud bilan uning odamlari mohir jangchilar ekanligini bilasan. Ular dashtda bolalaridan ayrilgan ayiqday g‘azabga minganlar. Otang tajribali jangchi, tunni lashkar yonida o‘tkazmaydi. Shu paytda u birorta g‘orda yoki boshqa bir joyda yashirinib yuribdi. U Absalomning odamlaridan ba’zilarini birinchi hujumdayoq halok qilganda, bu haqda eshitgan har bir odam: “Absalomga ergashganlar tor–mor bo‘ldi”, deydi. U paytda hatto sher yurakli bahodir yigitlar ham qo‘rquvga tushadi. Chunki Isroildagi har bir odam otangning jasurligini, jangchilarining ham botirligini bilishadi. Senga maslahatim shu: Dandan Bershevagacha cho‘zilgan joylardagi butun Isroil lashkari atrofingga to‘plansin. Axir, Isroil xalqi dengiz qirg‘og‘idagi qum singari son–sanoqsiz–ku! Ularni sen o‘zing jangga boshla. Dovud qayerda yashirinib yurgan bo‘lsa ham, unga qarshi yurish qilamiz, butun yer yuzini shudring qoplaganiday, biz ham uning ustiga bostirib boramiz. Dovudni ham, yonidagilarning ham birortasini tirik qoldirmaymiz. Agar u biror shahardan boshpana topsa, hamma Isroil odamlari arqon olib, o‘sha shaharga kelishadi. Shaharni ag‘darib, biror dona toshini ham qoldirmay, soylikka tortib tushiramiz. Absalomga qo‘shilib hamma bir og‘izdan: — Orx urug‘idan bo‘lgan Xushayning maslahati Oxito‘felning maslahatidan ancha ma’nili, — deyishdi. Sababi, Egamiz Absalomni kulfatga duchor qilish niyatida Oxito‘felning yaxshi maslahatini behudaga chiqarishni mo‘ljallab qo‘ygan edi. Xushay ruhoniylar Zodo‘x bilan Abuatarga shunday dedi: — Oxito‘fel Absalomga va Isroil oqsoqollariga unday maslahat berdi, men esa boshqacha maslahat berdim. Sizlar hoziroq shu xabarni Dovudga yetkazinglar: bu kecha qirda — daryoning kechuvida tunamasin, hoziroq narigi qirg‘oqqa o‘taversin. Bo‘lmasa, shohning o‘zi ham, yonidagi odamlari ham qirilib ketadi. Bu paytda Abuatar o‘g‘li Yo‘natan bilan Zodo‘x o‘g‘li Oximas En–Ro‘g‘ol bulog‘ida kutib turishardi. Bir cho‘ri qiz bo‘lib o‘tgan gap–so‘zlarni ularga yetkazar, Yo‘natan bilan Oximas esa eshitganlarini shoh Dovudga yetkazib turishardi. O‘zlari tavakkal qilib shaharga kirolmas, birortasi ko‘rib qolishi mumkin edi. Lekin bir o‘spirin nogahon ularni ko‘rib qoldi va Absalomga xabar berdi. Shundan keyin Yo‘natan bilan Oximas tezda bu shahardan chiqib, Boxurim shahriga — bir odamning uyiga kelishdi. O‘sha uyning hovlisida bir quduq bor edi. Yo‘natan bilan Oximas quduqqa tushishdi. Haligi odamning xotini quduq og‘zini yopinchiq bilan berkitdi. Quyoshda quritayotganday bo‘lib, ustiga boshoq yoyib qo‘ydi. Shuning uchun hech kim, bu yerda odam bor, deb shubhalanmasdi. Absalomning odamlari o‘sha uyga borib, ayoldan: — Oximas bilan Yo‘natanni ko‘rmadingmi? — deb so‘rashdi. — Irmoqning narigi tomoniga o‘tib ketishdi, — deb javob berdi ayol. Absalomning odamlari ularni qidirib ketishdi, lekin topa olmay Quddusga qaytishdi. Ular ketgandan so‘ng Oximas bilan Yo‘natan quduqdan chiqishdi–da, bo‘lib o‘tgan hodisalardan shoh Dovudni xabardor qilish uchun uning yoniga jo‘nashdi. — Qani, hoziroq daryoni kechib o‘tinglar, chunki Oxito‘fel sizlarga qarshi shunday–shunday maslahat berdi, — deyishdi ular shohga. Shu zahoti Dovud hamma odamlarini ergashtirib, Iordan daryosini zudlik bilan kechib o‘tdi. Tong otganda, hamma Iordan daryosidan o‘tib bo‘lgan, orqada birorta ham odam qolmagan edi. Oxito‘fel bergan maslahati amalga oshmaganini ko‘rib, eshagini egarlab jo‘nadi. O‘z shahriga — uyiga qaytib keldi. Ishlarini saranjom–sarishta qilib bo‘lgandan keyin, o‘zini osib o‘ldirdi. Uning jasadini ota–bobolarining xilxonasiga dafn qilishdi. Absalom bilan hamma Isroil lashkari Iordan daryosini kechib o‘tishayotganda, Dovud Moxanayim shahriga yetib borgan edi. Absalom Yo‘abning o‘rniga Emosani lashkarboshi qilib tayinlagandi. Emosa Yo‘abning jiyani bo‘lib, Ismoil qavmidan Eter degan odamning o‘g‘li edi. Onasining ismi Obigayl bo‘lib, Naxosh degan odamning qizi edi. Obigayl Zeruyaning singlisi, Zeruya Yo‘abning onasi edi. Absalom va uning qo‘l ostidagi Isroil lashkari Gilad yerlarida qarorgoh qurishdi. [27-29] Dovud Moxanayimga borganda, uni bir necha odam kutib turishardi. Ular Ommonlarning Rabba shahridan Naxosh o‘g‘li Sho‘vi, Lo‘davor shahridan Omiyol o‘g‘li Moxir va Ro‘g‘olim shahridan Giladlik Borzulay edilar. Ular, odamlar cho‘lda toliqqan, och qolib, chanqagandir, deb Dovud bilan uning odamlariga ko‘rpa–to‘shaklar, kosalar, sopol idish–tovoqlar, bug‘doy, arpa, kepakli un, qovurilgan don, loviya, yasmiq doni, asal, suzma, qo‘y, pishloq olib kelishgan edi. Dovud yonida yurgan odamlarini bir joyga to‘plab, ular ustidan mingboshilar, yuzboshilar tayinladi. So‘ng ularni Yo‘ab, uning akasi Abushay va Gatlik Etxayning nazorati ostida uch qismga bo‘lib jo‘natdi. Shoh odamlariga: — Men ham sizlar bilan birga boraman, — degan edi, ular: — Biz bilan bormang, — deyishdi. — Bordi–yu, qochishimizga to‘g‘ri kelib qolsa, g‘animlarimiz biz bilan qiziqmaydi. Yarmimiz o‘lib ketganimizda ham e’tibor berishmaydi. Siz bizning o‘n mingtamizga arziysiz. Siz bizga shahardan turib yordam bering, bizga shunisi yaxshi. — Sizlarga qaysinisi ma’qul bo‘lsa, shuni qilganim bo‘lsin, — dedi shoh. Odamlar yuz, ming kishilik to‘dalarga bo‘linib shahardan chiqishayotganda, shoh darvoza yonida turgan edi. Shoh Yo‘abga, Abushay va Etxayga: — Absalom yosh, mening hurmatim uchun unga ziyon keltirmanglar, — deb tayinladi. Shohning lashkarboshilarga Absalomga aloqador buyruq berganini hamma sipohlar eshitishdi. Absalomga ergashgan Isroil lashkari bilan jang qilish uchun Dovudning odamlari maydonga chiqishdi. Jang Efrayim o‘rmonida bo‘ldi. Dovudning odamlari Isroil lashkarini mag‘lub qildi. Katta talafot bo‘ldi, o‘sha kuni yigirma ming kishi o‘ldi. Jang tobora yoyilib borardi. O‘sha kuni o‘rmondagi falokatdan nobud bo‘lgan odamlarning soni jangda o‘ldirilganlarning sonidan ko‘p edi. Jang payti Absalom xachirini minib yolg‘iz o‘zi qochib ketayotgan edi, to‘satdan Dovudning odamlariga duch kelib qoldi. Xachir katta eman daraxtining qalin shoxlari tagidan yelib ketayotganda, Absalomning boshi shoxlar orasiga kirib qoldi. Xachir yelib ketaverdi, Absalom esa daraxtga osilib qoldi. Dovudning odamlaridan biri Absalomning osilib yotganini ko‘rib qoldi va borib Yo‘abga aytdi: — Absalomni ko‘rdim, u bir eman daraxtida osilib yotibdi! Yo‘ab xabar olib kelgan odamga: — Uni ko‘rgan bo‘lsang, nimaga yerga qulatib o‘ldirmading? Senga o‘n kumush tanga va bir kamar in’om etgan bo‘lardim, — dedi. O‘sha odam Yo‘abga shunday javob berdi: — Hatto ming kumush tanga sanab berganingizda ham, shoh o‘g‘liga qo‘limni tekkizmayman. Chunki shohning sizga, Abushay va Etxayga “Yosh Absalomning jonini saqlang” degan buyrug‘ini biz ham eshitgan edik. Bordi–yu, Absalomning joniga qasd qilganimda, siz o‘zingizni chetga tortmasmidingiz, axir?! Baribir, shohimiz hamma narsadan voqif bo‘ladi–ku! Yo‘ab: — Sen bilan pachakilashib vaqtimni yo‘qotmay, — dedi–yu, qo‘liga uchta nayza olib o‘sha yerga bordi. Absalom eman daraxtida muallaq osilib turar, hali tirik edi. Yo‘ab Absalomning yuragiga nayza sanchdi. So‘ngra Yo‘abning o‘nta qurolbardori Absalomni o‘rab olib, tamomila o‘ldirishdi. Yo‘ab jangni to‘xtatish uchun burg‘u chaldirdi, shunda Dovudning odamlari Isroil lashkarini quvlashdan to‘xtab orqaga qaytishdi. Absalomni esa daraxtdan ko‘tarib olib, o‘rmondagi chuqur bir xandaqqa uloqtirishdi. Bir talay tosh uyib, xandaq og‘zini berkitishdi. Shu paytda Isroil lashkarining hammasi uy–uylariga qochib ketishgan edi. Absalom hayotligida “Nomimni davom ettiradigan bitta o‘g‘lim yo‘q ”, deb Shoh soyligida o‘ziga atab bir yodgorlik toshi o‘rnatgan va yodgorlik toshiga o‘zining nomini bergan edi. Bu yodgorlik shu kungacha “Absalom yodgorligi” deyiladi. Zodo‘xning o‘g‘li Oximas Yo‘abga: — Ijozat bersangiz, tez borib shohimizga: “ Egam sizni g‘animlaringiz qo‘lidan qutqardi”, deb xabar yetkazsam, — dedi. — Yo‘q, — dedi Yo‘ab, — bugun sen xabar olib bormaysan. Boshqa safar xabar yetkazarsan, lekin bugun emas. Chunki shohning o‘g‘li o‘ldi. Keyin Yo‘ab bir Habashistonlik odamga: — Sen borib, ko‘rganlaringni shohga ayt, — deb buyurdi. O‘sha odam Yo‘abga ta’zim qildi–yu, yugurib ketdi. Ammo Oximas yana: — Nima bo‘lsa bo‘lar, ijozat bering, men anavi Habashistonlikning orqasidan yugurib borayin, — deb iltimos qildi. — O‘g‘lim, nimaga yugurib borishni istab qolding? Senga manfaat keltiradigan xabar yo‘q–ku! — dedi Yo‘ab. — Nima bo‘lsa bo‘lar, hozir yugurib boray, — deb yana iltimos qildi Oximas. — Mayli, yugur, — dedi Yo‘ab. Oximas shu zahoti Iordan tekisligi bo‘ylab yugurib, Habashistonlikdan o‘zib ketdi. Dovud bu vaqtda shahar darvozasi oldida o‘tirgan edi. Qorovul shahar darvozasi tepasiga chiqdi. Atrofga nazar tashlab, bittasining yugurib kelayotganini ko‘rdi va bu haqda shohga aytdi. — Bittasi kelayotgan bo‘lsa, demak, yaxshi xabar olib kelyapti, — dedi shoh. O‘sha odam tobora yaqinlashib kelardi. Qorovul yana boshqasining yugurib kelayotganini ko‘rib, darvozabonga: — Ana, yana bittasi yugurib kelyapti, — deb xabar berdi. — U ham yaxshi xabar olib kelayotir, — dedi shoh. — Menimcha, oldindagi odam yugurishidan Zodo‘x o‘g‘li Oximasga o‘xshaydi, — dedi qorovul. — Oximas — yaxshi odam, yaxshi xabar olib keladi, — deya javob berdi shoh. Shu payt Oximas baland ovoz bilan shohga: — Tinchlik–omonlik bo‘lsin, shohim! — dedi. So‘ng shohning oldida muk tushib ta’zim qilib: — Shoh hazratlariga qo‘l ko‘targanlar ustidan g‘alaba ato qilgan sizning Egangiz Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! — dedi. — Bolam Absalom sog‘–salomatmi? — deb so‘radi shoh. — Yo‘ab men, qulingizni jo‘natgan paytda katta g‘alayon bo‘layotgan edi, keyin nima bo‘lganini bilmayman, — dedi Oximas. — Bu tomonga o‘t, shu yerda kutib tur, — dedi shoh. Oximas nariga o‘tib kuta boshladi. Shu orada Habashistonlik yetib keldi. — Shoh hazratlariga xushxabar! — dedi u. — Egam adolat qilib, sizga qarshi isyon ko‘targanlar ustidan g‘alaba ato qildi. — Bolam Absalom sog‘–salomatmi? — deb so‘radi shoh Habashistonlikdan. — Shoh hazratlari! — dedi Habashistonlik. — G‘animlaringizning, yomon niyat bilan sizga qarshi otlanganlarning oxirati shu yigitning oxirati kabi bo‘lsin. Shoh esankirab qoldi. Darvoza tepasidagi boloxonaga chiqib faryod qila boshladi. U boloxonaga chiqar ekan: — Oh, o‘g‘lim Absalom! Oh, o‘g‘ilginam, bolam Absalom! Sening o‘rningga men o‘lsam bo‘lmasmidi, o‘g‘lim?! Voy, bolam Absalom! — deb faryod qilardi. Shoh Dovud Absalom uchun ko‘z yoshi to‘kib, aza tutayotir, deb Yo‘abga xabar berishdi. Dovudning sipohlari ham: “Shoh o‘g‘li uchun aza tutyapti ekan”, deb eshitishdi. Shunday qilib, o‘sha kungi zafar barcha lashkar uchun azaga aylandi. O‘sha kuni sipohlar xuddi urushdan qochganlarday, shaharga xijolat tortib, pisib kirishdi. Shoh esa yuzini berkitib, bor ovozi bilan: “Oh, o‘g‘lim Absalom! Absalom, bolaginam, jigarim!” deb faryod qilardi. Yo‘ab shoh turgan uyga kirib, unga shunday dedi: — Bugun sizning joningizni, o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, xotinlaringiz, kanizaklaringizning jonlarini qutqargan odamlaringizning hammasini xijolatga qo‘ydingiz. Chunki siz o‘zingizdan nafratlanganlarga mehr qo‘yib, sizni yaxshi ko‘rganlardan nafratlanar ekansiz. Bugun lashkarboshilaringiz va mard yigitlaringiz sizning oldingizda hech narsaga arzimasligini oshkor qilib qo‘ydingiz. Ha, men bir narsani anglab yetdim: bugun Absalom omon qolib, hammamiz o‘lib ketsak, sizga yaxshi bo‘lar ekan! Endi turing, tashqariga chiqib, odamlaringizga dalda bering! Egamning nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichamanki, agar chiqmasangiz, shu kecha sizning yoningizda birorta odam qolmaydi. Bu esa yoshligingizdan to shu bugungacha boshingizga kelgan kulfatlar ichida eng yomoni bo‘ladi! Shu gapdan keyin shoh shahar darvozasi oldiga borib o‘tirdi. Hamma lashkarga: “Shoh shahar darvozasida o‘tiribdi”, degan xabar yetib bordi. Shundan keyin ular shohning yoniga tashrif buyurishdi. Bu paytda Isroil xalqidan Absalom tomonda bo‘lganlari uy–uylariga qochib ketgan edi. Isroilning turli qabilalaridan bo‘lgan odamlar bir–birlari bilan bahs qilishardi: — Bizni g‘animlarimiz qo‘lidan Dovud xalos qilgan, Filistlar qo‘lidan qutqargan edi. U Absalomdan qochib, yurtdan ketib qolgan. Bizga yo‘lboshchi bo‘lsin, deb Absalomga moy surtib shoh qilgan edik, lekin u jangda o‘ldi. Shunday ekan, Dovuddan iltimos qilaylik, qaytib kelsin, bizning shohimiz bo‘lsin. Shoh Dovud ruhoniylar Zodo‘x bilan Abuatarga quyidagicha xabar jo‘natdi: — Yahudo oqsoqollariga borib aytinglar, shoh shunday demoqda: “Butun Isroil xalqi, shohni o‘z xonadoniga qaytarish kerak, deyapti. Isroil xalqining gaplari mening qulog‘imga yetib keldi. Nima uchun sizlar loqaydlik qilyapsizlar? Sizlar qarindoshlarimsiz, jigarlarimsiz! Nega sizlar shohni qaytarib olib kelishni orqaga suryapsizlar?” Emosaga ham shu gapni yetkazinglar: “Sen jigarimsan–ku! Seni hozirdan boshlab Yo‘abning o‘rniga umrbod lashkarboshi qilib tayinlayman. Shunday qilmasam, Xudo meni ne ko‘yga solsa solsin, hatto undan battarrog‘ini ko‘rsatsin!” Shunday qilib, Dovud jamiki Yahudo xalqini tamoman o‘ziga moyil qildi. Nihoyat, ular shohga: “Hamma odamlaringizni ergashtirib orqaga qayting!” deb xabar berishdi. Shoh orqaga qaytib, Iordan daryosi bo‘yiga yetib keldi. Yahudo xalqi: “Shohni kutib olaylik, Iordan daryosidan olib o‘taylik”, deb Gilgalga keldi. Benyamin qabilasidan Gera o‘g‘li Shimax ham shu yerda edi. U shoh Dovudni kutib olish uchun shoshilganicha Boxurim shahridan Yahudo odamlari bilan birga daryo bo‘yiga yetib keldi. Uning yonida Benyamin qabilasidan ming kishi bor edi. Shoul xonadonining xizmatkori Zibax ham o‘n besh o‘g‘lini va yigirmata qulini ergashtirib keldi. Ular daryo bo‘yiga tezda shohdan oldin yetib kelishdi. “Shoh xonadonini daryodan olib o‘taylik, shohning hamma xohishini bajo keltiraylik”, deb ular xizmat qilishdi. Shoh Iordan daryosini endi kechib o‘tmoqchi bo‘lib turgan edi, Shimax o‘zini shohning oyoqlari ostiga tashladi–da, unga yolvordi: — Shoh hazratlari gunohimdan o‘tsinlar! Quddusdan chiqqan kuningiz qilgan gunohimni eslamasinlar, xayollariga keltirmasinlar, shoh hazratlari! Chunki men, qulingiz, o‘z gunohimni bilaman. Mana, shoh hazratlarini kutib olish uchun bugun jamiki Isroildagi odamlardan birinchi bo‘lib men keldim. Shunda Zeruya o‘g‘li Abushay: — Nahotki, Egam moy surtib tanlagan shohni haqorat qilgani uchun Shimax o‘ldirilmasa?! — dedi. — Ey, Zeruya o‘g‘illari! — dedi Dovud. — Kim sizlarning fikringizni so‘radi? Menga aql o‘rgatmoqchimisizlar? Shu topda Isroil shohi ekanimni o‘zim bilmaymanmi? Isroilda shu bugun birorta odamning qoni to‘kilmaydi! So‘ng Dovud Shimaxga: — O‘lmaysan! — deb ont ichdi. Shoulning nabirasi Mefibosit ham shohni kutib olishga borgan edi. Shoh ketgan kundan boshlab sog‘–salomat qaytgunigacha, Mefibosit na oyoqlarini, na kiyimlarini yuvgan, na soqolini qirqqan edi. Mefibosit shohni kutib olishga Quddusdan kelganda, Dovud undan: — Mefibosit, nimaga men bilan ketmading? — deb so‘radi. Mefibosit shunday javob berdi: — Ey, shoh hazratlari, men, qulingiz, cho‘loq bo‘lganim uchun, qulim Zibaxga: “Eshakni egarla, men eshakka minib shoh bilan birga ketaman”, degan edim. Lekin u meni aldadi, shoh hazratlarining oldida men, qulingizning yuzini qora qildi. Ammo siz, shoh hazratlari, Xudoning farishtasidaysiz. Sizga nima ma’qul kelsa, shuni qiling. Otam xonadonining hamma a’zolari shoh hazratlaridan faqat o‘limni kutib yurganlarida, siz men, qulingizga xonadoningizdagilar qatorida dasturxoningizdan taom yeyish imtiyozini berdingiz. Sizdan bundan ortiq bir narsa so‘rashga qanday haqim bor, ey, shohim?! — O‘zingning ishlaring to‘g‘risida gapirishingga hojat yo‘q, — dedi shoh. — Senga va Zibaxga, yerlarni bo‘lishib olaveringlar, deb buyurgan edim–ku. — Shoh hazratlari nihoyat saroyga sog‘–salomat qaytib keldilar, shuning o‘zi menga kifoya, — dedi Mefibosit. — Endi hamma yerni Zibax olaversin. Giladlik Borzulay ham shohga Iordan daryosini kechib o‘tishida yordam berib, uni kuzatib qo‘yay, deb Ro‘g‘olimdan kelgan edi. Borzulay ancha keksayib qolgan, sakson yoshda edi. U boy odam bo‘lib, shoh Moxanayimda istiqomat qilib turgan paytda, shohning tirikchiligini ta’minlagan edi. Shoh Borzulayga: — Men bilan yuring, endi Quddusda men sizning tirikchiligingizni ta’minlayman, — dedi. Lekin Borzulay: — Qancha umrim qoldiki, siz bilan Quddusga ketsam? — dedi. — Men, qulingiz, hozir sakson yoshdaman. Bundan bu yog‘iga nima yoqadi, nima yoqmaydi — ajrata bilmasam, yeb–ichganimning ta’mini seza olmasam. Yana erkak–ayol qo‘shiqchilarning ovozini farqlay olmasam. Shunday ekan, nimaga shoh hazratlariga yana yuk bo‘layin? Men, qulingiz, Iordan daryosini shoh bilan birga kechib, sizga bir oz hamroh bo‘laman, xolos. Shoh nima uchun menga shu qadar iltifot qilishi kerak? Ijozat bersangiz, men orqamga qaytayin, o‘z shahrimda — ota–onamning xilxonasida jon berayin. Lekin mana qulingiz Ximxan shu yerda, u siz bilan narigi qirg‘oqqa o‘tsin. Unga nimani ma’qul ko‘rsangiz, shuni qilarsiz. — Ximxan men bilan narigi qirg‘oqqa kechib o‘tadi, — dedi shoh. — Siz unga nimani ma’qul ko‘rsangiz, u uchun shuni bajo keltiraman. O‘zingiz uchun nima istaysiz? Ayting, bajo qilayin. Shundan so‘ng shoh bilan barcha odamlar Iordan daryosini kechib o‘tdilar. Shoh Borzulayni o‘pib, duo qildi. Borzulay o‘z yurtiga qaytib ketdi. Shoh Gilgalga jo‘nadi. Ximxan ham u bilan birga ketdi. Yahudo odamlarining hammasi va Isroil odamlarining yarmi shohni kuzatib borayotgan edilar. Bir payt jamiki Isroil xalqi shohning oldiga borib shunday deyishdi: — Nega birodarlarimiz Yahudo xalqi sizni olib qochib, o‘zingizni, xonadoningizni, odamlaringizni Iordan daryosining bu tomoniga ham o‘tkazib qo‘yishdi? Yahudo xalqi Isroil xalqiga shunday javob qaytarishdi: — Chunki shoh bizning yaqinimiz. Nimaga sizlar xafa bo‘lyapsizlar? Shohning yeydiganidan biror narsa yedikmi?! Yoki o‘zimizga biror narsa oldikmi? — Isroilda o‘nta qabila bor, — deb javob berdi Isroil xalqi. — Shuning uchun Dovudda sizlardan ko‘ra, bizning o‘n marta haqimiz bor. Shunday ekan, nega bizni mensimaysizlar?! Shohimizni qaytarib kelaylik, deb birinchi bo‘lib biz aytmaganmidik?! Yahudo xalqining gapi Isroil xalqinikidan ko‘ra, qattiqroq bo‘ldi. O‘sha paytda Benyamin qabilasidan Sheba degan yaramas bir odam shu yerda — Gilgalda edi. U Bixri deganning o‘g‘li edi. Sheba burg‘u chalib, shunday xitob qildi: “Essay o‘g‘li Dovudning bizga o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘q, Bizning ham undan qarzimiz yo‘q! Ey, Isroil erlari, hamma o‘z uyiga qaytsin!” Shundan keyin jamiki Isroil odamlari Dovudni tark etib, Shebaga ergashib, ketib qolishdi. Yahudo xalqi esa o‘zlarining shohiga sodiq qolib, Iordan daryosidan Quddusgacha unga hamroh bo‘lishdi. Shoh Dovud Quddusdagi saroyiga yetib borgach, saroyga qarab turinglar, deb qoldirib ketgan o‘nta kanizagini alohida uyda saqlashni buyurdi. Dovud ularni boqdi, lekin birortasi bilan birga bo‘lmadi. Kanizaklar esa umrlarining oxirigacha nazorat ostida, beva xotinlar kabi yashadilar. Shundan keyin shoh Dovud o‘z lashkarboshisi Emosaga: — Uch kun ichida Yahudo xalqini huzurimga chaqirib kel, o‘zing ham shu yerda bo‘l, — dedi. Emosa Yahudo xalqini chaqirib kelishga ketdi. Ammo belgilangan vaqtda qaytib kelmadi. Shundan so‘ng Dovud boshqa lashkarboshisi Abushayga dedi: — Endi Sheba bizga Absalomdan ham og‘irroq kulfat keltiradi. Mening odamlarimni olib, Shebaning orqasidan quvla. Aks holda u mustahkam shaharga o‘rnashib olib, bizdan yashirinadi. O‘sha zahoti Abushay Shebani tutib kelish uchun Quddusdan chiqdi. U Yo‘abni va uning odamlarini, Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarni, hamma botir sipohlarni yoniga oldi. Ular Givondagi katta qoyaning yoniga yetib borganda, Emosani uchratib qoldilar. Yo‘ab jang kiyimlarini kiyib olgan edi. Kiyimining ustidan kamar bog‘lagan, xanjarini qiniga solib, kamariga osib olgan edi. U Emosaning oldiga so‘rashish uchun qadam tashladi–yu, yashirincha xanjarini qinidan sug‘urdi. Yo‘ab Emosaga: — Yaxshimisan, inim? — dedi–yu, go‘yo uni o‘pmoqchi bo‘lib, o‘ng qo‘li bilan Emosaning soqolidan ushladi. Emosa Yo‘abning narigi qo‘lida xanjar borligini sezmay qoldi. Yo‘ab xanjarini Emosaning qorniga tiqib yubordi, Emosaning ichak–chovog‘i yerga to‘kildi. Ikkinchi marta xanjar urishiga hojat qolmadi, Emosaning joni chiqib bo‘lgan edi. Shundan keyin Yo‘ab bilan akasi Abushay Shebani quvlashda davom etishdi. Yo‘abning odamlaridan biri Emosaning jasadi tepasida turib: — Yo‘abga kim sodiq bo‘lsa, kim Dovud tarafida bo‘lsa, Yo‘abning orqasidan borsin, — dedi. Emosaning jasadi qonga belanib yo‘lning o‘rtasida yotar, har bir odam jasadga yaqinlashganda, uning tepasida to‘xtab qolardi. Yo‘abning haligi gapirgan yigiti bu ahvolni ko‘rib, Emosaning jasadini sudrab yo‘l yoqasidagi dalaga olib borib tashladi, ustiga kiyim tashlab qo‘ydi. Jasad yo‘ldan olib tashlangandan so‘ng, hamma Shebani quvlab, Yo‘abning ortidan ketdi. Shu orada Sheba hamma Isroil qabilalari yerlarini bosib o‘tib, Ovil–Bayt–Maxo shahriga yetib keldi. Bixri urug‘ining hammasi Shebaga ergashib, shaharga kirib olishdi. So‘ng Yo‘ab hamma odamlari bilan Ovil–Bayt–Maxoga borib, o‘sha shaharni qamal qilib, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydilar va tepaga chiqib devorteshar qurol bilan devorni yiqita boshladilar. Shu payt bir dono ayol shahar ichkarisidan ovoz berdi: — Eshitinglar! Quloq solinglar! Yo‘abni aytib yuboringlar, bu yoqqa kelsin, u bilan gaplashmoqchiman. Yo‘ab ayolga yaqinroq bordi. — Yo‘ab sizmisiz? — so‘radi ayol. — Ha, menman, — dedi Yo‘ab. — Bu cho‘ringizning so‘zlarini eshiting! — dedi ayol. — Qulog‘im senda, — dedi Yo‘ab. Ayol gapida davom etdi: — Qadimdan “Ovil shahrida maslahat qilinglar” degan gap bo‘lardi, shunga rioya qilib, hamma har qanday ishlarini hal qilishardi. Biz Isroilning tinchligini istagan sodiq kishilarmiz. Siz esa Isroilda onaday bo‘lgan shaharni vayron qilmoqchisiz. Nimaga Egamning merosini yo‘q qilish sizga kerak bo‘lib qoldi? — Xudo saqlasin! — dedi Yo‘ab, — vayron qilmoqchi yoki butunlay yo‘q qilmoqchi emasman. Hecham unday emas. Efrayim qirlaridan Bixri o‘g‘li Sheba degan odam shoh Dovudga qarshi isyon ko‘targan edi. Faqat o‘shani bersangizlar bo‘ldi, men shahardan tinchgina ketaman. — Uning boshini devordan oshirib, sizga tashlashadi, — dedi ayol. So‘ng ayol butun shahar ahliga o‘zining dono gaplarini yetkazdi. Shahar ahli Shebaning boshini kesib, devordan oshirib Yo‘abga tashladi. Yo‘ab burg‘usini chaldi. Yo‘abning odamlari shahardan chiqib, uylariga qaytib ketishdi. Yo‘ab ham Quddusga — shohning yoniga jo‘nadi. Yo‘ab butun Isroil qo‘shinining lashkarboshisi edi. Yohayido o‘g‘li Binayo esa Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarning sardori edi. Odoniram qarollar ustidan mas’ul, Oxilud o‘g‘li Yohushafat mushovir edi. Shavo — kotib, Zodo‘x bilan Abuatar — ruhoniy, Yovirlik Ero ham Dovudning ruhoniysi edilar. Dovud shohligi paytida uch yil muttasil ocharchilik hukm surdi. Dovud Egamizdan shu haqda so‘ragan edi, Egamiz shunday javob berdi: “Qon to‘kkan Shoul va uning xonadoni bu ocharchilikka sababchi, chunki Shoul Givonliklarni qirgan edi.” Shundan so‘ng shoh Givonliklarni chaqirtirib keldi va ular bilan gaplashdi. Givonliklar Isroil qavmlaridan bo‘lmay, Amor xalqlarining qolgan–qutgani edi. Isroil xalqi ularga, sizlarni tirik qoldiramiz, deb ont ichishgan edi–yu, lekin Shoul Isroil va Yahudo xalqi butun yurtni nazorat qilsin, deb istagan va ularni qirib tashlashga harakat qilgan edi. Xullas, Dovud: — Sizlar uchun nima qilay? — deb so‘radi Givonliklardan. — Egamning xalqini duo qilishingiz uchun bu gunohni qanday yuvsam bo‘ladi? Givonliklar unga: — Bizga Shoul va uning xonadonidan oltin ham, kumush ham kerak emas, Isroil xalqidan birortasini o‘ldirish niyatimiz ham yo‘q, — deb javob berishdi — Nima istasangiz, bajo qilaman, — dedi Dovud. Shundan so‘ng Givonliklar aytishdi: — Shoul bizni Isroil yurtida yashamasin, deb qirib tashlashni va bizni yo‘qotishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Shuning uchun Shoulning o‘g‘illaridan yettitasi bizga berilsin. Biz ularni Givonda, aynan Egamiz tanlab olgan Shoulning shahrida, Egamizning huzurida o‘ldiramiz. Jasadlarini tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqamiz. — Sizlarga beraman ularni, — dedi shoh. Dovud Shoulning nabirasi — Yo‘natanning o‘g‘li Mefibositga rahm qildi. Dovud bilan Yo‘natan Egamizning nomini o‘rtaga qo‘yib bir–biriga qasamyod qilishgan edi. Oyo qizi Rizpa Shouldan Ormanax va Mofibaset degan o‘g‘illar ko‘rgan edi. Dovud Mefibositning o‘rniga Shoulning o‘sha ikkala o‘g‘lini oldi. Shoulning qizi Merav Maxlalik Borzulay o‘g‘li Odriyoldan beshta o‘g‘il ko‘rgan edi. Dovud o‘sha o‘g‘illarning hammasini Givonliklarning qo‘liga berdi. Givonliklar yettovini tog‘da — Egamizning oldida o‘ldirib, jasadlarini tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqdishdi. Yettovi ham birga jon berdi. Ular o‘ldirilganda, o‘rim–yig‘im endi boshlangan, arpa o‘rimining ilk kunlari edi. Oyo qizi Rizpa qanor oldi va jasadlar yonidagi bir qirning tepasiga borib, qanorni yoydi. O‘rim payti boshlangandan to jasadlar ustiga osmondan yomg‘ir yoqqunga qadar Rizpa o‘sha yerda qoldi. Jasadlarni kunduzi osmonda uchadigan qushlardan, kechalari yovvoyi hayvonlardan qo‘riqladi. Shoulning kanizagi Oyo qizi Rizpa qilgan ishni Dovudga yetkazishdi. Dovud Giladdagi Yobosh xalqining oldiga borib, Shoul va uning o‘g‘li Yo‘natanning suyaklarini ulardan oldi. Filistlar Gilbova tog‘ida Shoulni o‘ldirgan kuni uning va o‘g‘lining jasadlarini Bayt–Shan shahri maydonida devorga qoqib qo‘ygan edilar. Giladdagi Yobosh xalqi esa ikkovining jasadini yashirincha u yerdan olib ketishgan edi. Dovud Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natanning suyaklarini u yerdan olib kelgandan so‘ng, o‘ldirilgan yetti kishining jasadlarini ham olishdi. Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natanning suyaklarini Benyamin hududidagi Zilaga — otasi Kishning xilxonasiga dafn qilishdi. Shunday qilib, shohning hamma farmonlarini ijro etishdi. Shundan keyin Xudo yurt uchun qilingan iltijolarga javob berdi. Filistlar bilan Isroil lashkari o‘rtasida yana urush boshlandi. Dovud odamlari bilan Filistlarga qarshi urushga otlandi. Ammo janglar davomida Dovud juda toliqib qoldi. Filist jangchilaridan biri Yishbibano‘v Dovudni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Yishbibano‘v Rafa xalqidan edi. U qo‘lida uchi 750 misqol keladigan bronza nayza ko‘targan, beliga esa yangi qilich bog‘lab olgandi. Zeruya o‘g‘li Abushay Dovudni himoya qilib, o‘sha Filistni mag‘lub qilib o‘ldirdi. Shundan keyin Dovudning odamlari unga: “Endi siz biz bilan birga urushga bormaysiz, toki Isroilning chirog‘i o‘chib qolmasin”, deb aytishdi. Shundan so‘ng Gov shahrida Filistlar bilan yangidan urush boshlandi. Bu urushda Xushalik Sibbaxay degan odam Sof degan odamni o‘ldirdi. Sof Rafa xalqidan edi. Isroil lashkari bilan Filistlar o‘rtasida Govda yana bir marta urush bo‘ldi. Baytlahmlik Elxanon Gatlik Go‘liyotni o‘ldirdi. Elxanon Yovir deganning o‘g‘li edi. Go‘liyot nayzasining sopi to‘quvchining dastgohi xodasiday kelardi. So‘ngra yana Gat shahrida urush bo‘ldi. U yerda ham Rafa xalqidan devday bir odam bor edi. Qo‘llari, oyoqlari olti barmoqli edi, hammasi bo‘lib yigirma to‘rtta barmog‘i bor edi. O‘sha odam Isroil lashkarini haqorat qilgan edi, Yo‘natan uni o‘ldirdi. Yo‘natan Dovudning akasi Shimoning o‘g‘li edi. Dovud va uning odamlari tomonidan o‘ldirilgan o‘sha to‘rtalasi ham Gatlik bo‘lib, Rafa xalqidan edi. Egamiz Dovudni jamiki dushmanlari va Shoulning qo‘lidan ozod qilgan kuni Dovud Egamizga atab shu qo‘shiqni aytdi: “Egam — mening ishongan qoyam, qal’am, qutqaruvchim. Xudodir mening qoyam, Undan panoh topaman. Egamdir qalqonim, bahodir kurashchim, Qo‘rg‘onimu boshpanam. Najotkorim, zulmdan meni Sen qutqarursan! Egamga iltijo qilaman, G‘animlarimdan U meni xalos qiladi. Egamizga hamdu sanolar! O‘lim to‘lqinlari meni qurshab olgandi, Balo–qazo sellari dahshat–la bosgandi, O‘liklar diyorining to‘rlari meni o‘rab olgandi, O‘lim domi qarshimda paydo bo‘lgandi. Kulfatda qolganimda Egamga iltijo qildim, Ha, Xudoyimga iltijo qildim. Ma’badidan turib U ovozimni eshitdi, Ohu nolam qulog‘iga yetib bordi. O‘sha zamon yer yuzi titrab, tebrandi, Samolarning poydevori larzaga keldi, Egam g‘oyat g‘azabga mingan edi. Burnidan tutun o‘rlardi, Og‘zidan otash pishqirardi, Undan toshko‘mir cho‘g‘i yog‘ilardi. U ko‘klarni yorib, pastga tushdi, Oyoqlari ostida — qora bulut. Bir karubga minib uchib keldi, Yel qanotlari uzra ko‘ringan edi. Atrofini zulmat bilan o‘radi, Atrofidagi qora bulutlarni O‘ziga chayla qildi. Ulkan nur Egamning oldidan chiqdi, Qip–qizil cho‘g‘ yog‘ilib turdi. Egamning ovozi ko‘klardan guldiradi, Xudoyi Taoloning sadosi eshitildi. O‘qlar otdi, chaqmoq chaqtirib, yovlarini tirqiratdi, Ularni sarosimaga soldi. Egamning gina–kuduratidan, Uning qahrli nafasidan Dengizning tubi ko‘rinib qoldi, Zaminning poydevori yalang‘och bo‘lib qoldi. Egam yuqoridan qo‘l uzatib, meni tutdi, Bahaybat suvlardan meni chiqarib oldi. Meni kuchli g‘animlarim qo‘lidan, Mendan nafratlangan yovlarimdan qutqardi, Chunki ular mendan kuchli edilar. Ular qora kunimda menga qarshi turdilar, Ammo Egam menga tayanch bo‘ldi. Meni keng joyga chiqarib qo‘ydi, Mendan mamnun bo‘lib, najot berdi. Solihligim–chun meni mukofotlar, Aybsizligim–chun Egam taqdirlar. Zero, men Egam yo‘llariga rioya etdim, Axloqsizlik qilmadim, Xudoyimdan yuz o‘girmadim. Uning hamma taomilini mahkam ushladim, Farmonlaridan bo‘yin tovlamadim. Uning oldida benuqson bo‘ldim, Gunoh qilishdan o‘zimni saqladim. Shu sababli Egam meni pok deb bildi, Solihligimga yarasha mukofot berdi. Ey, Egam! O‘zingga sodiq bo‘lganga sodiq bo‘lursan, To‘g‘ri kishiga O‘zing to‘g‘ri bo‘lursan. Pok kishiga pokligingni ko‘rsatursan, Egriga esa ayyorligingni ko‘rsatasan. Ahli kamtarga–chi, yordam berursan, Dimog‘dorni kuzatib, manmanligi–chun yerga urursan. Ey, Egam! Sen O‘zing chirog‘imsan, Zulmatni men uchun yorug‘likka aylantirursan. Ey, Xudoyim! Senga suyanib lashkarni yo‘q qilaman, Senga suyanib devorlardan oshib o‘taman. Xudoning yo‘li komildir, Egamning kalomi chin haqiqatdir, Panoh izlab borganga U qalqondir. Egamdan boshqa Xudo kim ekan?! Xudomizdan bo‘lak qoya bormikan?! Mening mustahkam qal’am — Xudodir, Yo‘limni O‘zi bexatar qilar. Oyoqlarimni kiyik oyog‘i kabi qilar, Meni tepalikka eson–omon o‘tqazar. Qo‘llarimga jang qilishni o‘rgatar, Barmoqlarim bronza yoyni buka olar. Sen menga zafar qalqoningni bergansan, Madading esa meni yuksaltirar. Oyoqlarim uchun yo‘limni keng qilgansan, Oyoqlarim sira og‘ib ketmas. G‘animlarimni quvlab, halok qilaman, Ularni yo‘q qilmay ortga qaytmayman. Ularni shunday ezamanki, hech ham tura olmaslar. Oyoqlarim ostida cho‘zilib qolarlar. Sen menga quvvat berib, jangga yubording, Menga qarshi otlangan yovni oldimda bosh egdirding. G‘animlarimni mendan qochirding, Mendan nafratlanganlarni yo‘q qilding. Ular najotkorni to‘rt ko‘z–la izlab, topmadilar, Egamga yolvordilar, vale U javob bermadi. Yerdagi tuproq singari ularni ezdim, Yo‘ldagi loydek tepkilab bosdim. Sen meni xalqim g‘iybatidan xalos qilding, Meni ellarga rahnamo qilish uchun saqlading. O‘zim tanimagan elat menga qaram bo‘ldi. Yot ellar menga bo‘yin egdilar, Ovozimni eshitiboq quloq tutdilar. Yot ellar holsizlanib yiqildilar, Qaltirab manzilidan chiqib qochdilar. Egam barhayotdir! Men ishongan qoyamga hamdu sanolar bo‘lsin! Najotim qoyasi — Xudoyim yuksalsin! Men uchun qasd olgan Xudodir, Xalqlarni menga U tobe qilgan. Meni g‘animlarimdan qutqargan, Bosqinchilardan meni ustun qilgan, Meni zo‘ravonlar qo‘lidan xalos etgan. Ey, Egam, xalqlar ichra Senga hamdlar ayturman, Sening ismingni kuylab sano ayturman. Egam O‘z shohini ulug‘ zafarlarga erishtirar, O‘zi moy surtib tanlagan Dovuddan va uning naslidan To abad marhamatini darig‘ tutmas.” Essay o‘g‘li Dovudning so‘zlari. Dovudni Xudo yuksaltirgandir, Yoqubning Xudosi moy surtib, tanlab shoh qilgan uni, Dovud Isroilning suyukli qo‘shiqchisi bo‘lgandir. Dovudning oxirgi so‘zlari quyidagilardir: “ Egamning Ruhi men orqali gapirgan, Tilimda tayyordir Uning kalomi. Isroil xalqining Xudosi men orqali so‘zlagan, Isroilning ishongan qoyasi menga aytgan: “Insonlarni adolat bilan boshqarayotgan, Xudodan qo‘rqib shohlik qilayotgan inson Bamisoli tong shafag‘idir, Musaffo tongda nur sochayotgan quyosh kabidir, Nurlari yomg‘irdan so‘ng tuproqda maysa undirar.” Xonadonim Xudo oldida shunday emasmi?! Chunki U men bilan to abad mustahkam bo‘ladigan, Har tomonlama ishonchli, buzilmas bir ahd tuzgan. Albatta g‘olib bo‘lishim uchun, har qanday tilagimga yetishim uchun, U shak–shubhasiz menga madad beradi. Shakkoklar uloqtirilajak tikon kabidir, Chunki ularni qo‘l bilan ushlab bo‘lmas. Tikonlarni ushlash uchun kishi Temir asbob yoki nayzaning sopini tekkizar, Tikanzorga o‘t qo‘yib kulini ko‘kka sovurar.” Dovudning bahodir jangchilari ismi quyidagicha: birinchisi — Xaxmo‘n urug‘idan Yoshuvam. U “Uchta qahramon”ning sardori edi. U nayzasi bilan sakkiz yuz kishiga hujum qilib, hammasini bir jangda o‘ldirgan edi. “Uchta qahramon”dan ikkinchisi Oxo‘va urug‘idan Do‘do‘ o‘g‘li Elazar edi. U jang qilish uchun to‘plangan Filistlarni Dovud bilan birga mag‘lub qilgan edi. Isroil lashkari u paytda chekingan edi. Lekin Elazar joyida turaverdi, chekinmadi. Qo‘li toliqib, uvishib qolguncha Filistlarni o‘ldirdi. O‘sha kuni Egamiz uni ulug‘ zafarga erishtirdi. So‘ngra Isroil lashkari faqat halok bo‘lganlarni talon–taroj qilish uchun Elazarning orqasidan bordi. “Uchta qahramon”dan uchinchisi Xarorlik Agey o‘g‘li Shammox edi. Filistlar Lexidagi bir yasmiqzor yoniga yig‘ilib kelganda, Isroil lashkari ularning oldiga tushib qochishgan edi. Lekin Shammox yasmiqzorning o‘rtasida turganicha, o‘sha yerni himoya qildi va Filistlarni tor–mor qildi. Egamiz uni ham ulug‘ zafarga erishtirdi. O‘rim–yig‘im paytida o‘sha uchalasi (ular “O‘ttizta qahramon” guruhi tarkibiga kirar edilar) Dovudning yoniga — Adullam g‘origa ketdilar. Rafa soyligida Filistlar lashkari qarorgoh qurgan edi. Bu paytda Dovud o‘zining adirdagi qarorgohida edi. Bitta Filist qo‘nolg‘asi esa Baytlahmda joylashgan edi. Dovud hasrat bilan: — Qaniydi birortasi Baytlahm darvozasining yonidagi quduqdan menga suv olib kelib bersa! — dedi. O‘sha uchta qahramon Filistlar qarorgohini yorib o‘tishdi–da, Baytlahmdagi darvozaning yonidagi quduqdan suv tortib, Dovudga olib kelishdi. Lekin Dovud suvni ichmay, yerga to‘kib, Egamizga bag‘ishladi. — Ey, Egam! — deb xitob qildi. — Bunday qilishdan meni O‘zing asra! Shu yigitlarning qonini ichaymi? Axir, ular jonini xavf–xatarga qo‘yib suv olib kelgani borishdi–ku! Shuning uchun ham Dovud suvni ichishni istamadi. “Uchta qahramon” ana shunday jasurlik ko‘rsatishgan edi. Yo‘abning akasi Abushay “O‘ttizta qahramon”ning sardori edi. Abushay nayzasi bilan uch yuz kishini o‘ldirdi. Shu tariqa u “Uchta qahramon” singari dong taratdi. U “O‘ttizta qahramon”dan ham mashhur edi, ularning yo‘lboshchisi bo‘ldi. Lekin “Uchta qahramon” qatoriga kirmasdi. Yana Kabzayol shahridan Yohayido o‘g‘li Binayo degan jasur bir jangchi bor edi. U ajoyib ishlar qildi, Mo‘ablik ikki dovyurak odamni o‘ldirdi. Qor yoqqan kunda bir xandaqqa tushib, sherni o‘ldirdi. Yana devday bir Misrlikni ham o‘ldirdi. Misrlikning qo‘lida nayzasi bor edi. Binayo uning ustiga tayoq bilan bostirib bordi. Nayzani Misrlikning qo‘lidan tortib oldi–da, o‘sha nayza bilan uni o‘ldirdi. Binayoning qilgan ishlari ana shulardir. Shu tariqa Binayo “Uchta qahramon” kabi dong taratdi. U “O‘ttizta qahramon” orasida shuhrat topdi, lekin “Uchta qahramon”dan biri hisoblanmasdi. Dovud uni qo‘riqchilar sardori qilib tayinladi. Quyidagilar ham “O‘ttizta qahramon”dan edilar: Yo‘abning ukasi Osoyil, Baytlahm shahridan Do‘do‘ o‘g‘li Elxanon, Xaro‘d shahridan Shammox va Elixo, Palat shahridan Xalez, Taxuva shahridan Ixesh o‘g‘li Ero, Onoto‘t shahridan Abuazar, Xusha shahridan Mavunnay, Oxo‘va urug‘idan Zalmon, Natufo shahridan Maxray, Natufolik Banax o‘g‘li Xalev, Benyamin naslidan Givolik Ribay o‘g‘li Etxay, Piraton shahridan Binayo, Gash soyliklaridan Xidoy, Bayt–Araba shahridan Abualvon, Boxurim shahridan Ozmobit, Shalbim shahridan Eliyaxba, Yoshonning o‘g‘illari, Yo‘natan, Xaror shahridan Shammox, Xarorlik Shoror o‘g‘li Oxiyom, Maxo shahridan Axazbay o‘g‘li Elifalet, Gilox shahridan Oxito‘fel o‘g‘li Eliyom, Karmil shahridan Xazro, Orov shahridan Paray, Zo‘vo shahridan Natan o‘g‘li Yixal, Gad qabilasidan Banix, Ommon xalqidan Zilax, Bero‘t shahridan Yo‘abning qurolbardori Naxray, Yitar urug‘idan Ero va Goriv, Xet xalqidan Uriyo. Hammasi bo‘lib o‘ttiz yetti kishi edi. Isroil xalqiga Egamiz yana g‘azabini sochdi. Egamiz xalqqa zarar yetkazmoqchi bo‘lib, aholini ro‘yxat qilishga Dovudni majbur etdi: “Qani, Isroil va Yahudo xalqini sanab chiq”, dedi. Shoh yonida turgan lashkarboshisi Yo‘abga shunday buyruq berdi: — Isroilning hamma qabilalarini — Dandan Bershevagacha bo‘lgan joylarni kezib, xalqni sanab chiqinglar, toki qancha aholi borligini men bilayin. Lekin Yo‘ab shunday dedi: — Egangiz Xudo xalqning hozirgi sonini yuz karra ko‘paytirsin, shoh hazratlari ham o‘sha kunlarni ko‘rsin! Shohim nimaga shuni istab qoldilar? Lekin Yo‘ab va lashkarboshilarning so‘zidan shohning so‘zi ustun keldi. Shundan so‘ng ular shohning huzuridan chiqib, Isroil xalqini sanash uchun ketishdi. Ular Iordan daryosini kechib o‘tdilar va Arorda chodir qurib, bu yerdagi Isroil xalqini sanadilar. Aror — soylikdagi shaharning janubida, Gad yerlari tomonda edi. Keyin u yerdan Yazirga borib sanashdi. So‘ng Gilad yerlarini bosib o‘tib, Taxtim–Xodshi yerlariga borishdi. So‘ngra Danyonga, Danyondan esa Sidon atroflariga aylanib borib, bu yerdagi xalqni sanashdi. Yana Tir qal’asidagi, Xiv va Kan’on xalqlarining hamma shaharlaridagi Isroil xalqini sanab chiqishdi. Nihoyat, janubga — Yahudoning Nagav cho‘lidagi Bersheva shahriga kelishdi. Ular to‘qqiz oyu yigirma kun yurtni u boshidan bu boshigacha aylanib chiqqanlaridan keyin Quddusga qaytib kelishdi. Yo‘ab ro‘yxat natijasini shohga ma’lum qildi: Isroilda jang qilishga qodir 800.000, Yahudoda esa 500.000 odam bor ekan. Xalqni sanab chiqqandan so‘ng Dovudning vijdoni qiynaldi. — Bu ishni qilib og‘ir gunohga botdim, aqlsizlarcha ish tutdim. O‘tinaman, ey, Egam, bu qulingning gunohini kechir, — deb iltijo qildi. Ertasiga ertalab Dovud uyqudan turgach, Dovudning valiysi — payg‘ambar Gadga Egamizning shu so‘zlari ayon bo‘ldi: “Borib Dovudga shu gaplarni yetkaz: — Egam shunday aytmoqda: Men senga uchta jazoni taklif qilaman, shulardan bittasini tanla, keyin senga o‘sha jazoni yuboraman.” Gad Dovudning huzuriga borib, uchta jazoni birma–bir bayon qildi: — Yurtingda yetti yil ocharchilik bo‘lsinmi? Yoki seni ta’qib qiladigan g‘animlaringdan uch oy qochib yurishni istaysanmi? Yo bo‘lmasa, yurtingda uch kun o‘lat bo‘lsinmi? Endi yaxshilab o‘yla, meni Yuborganga nima deb javob berayin? — Men juda og‘ir ahvolda qoldim–ku, — dedi Dovud Gadga. — Nima bo‘lsa ham, odamzodning qo‘liga tushmayin. Mayli, Egamning O‘zi bizni jazolasin, chunki U g‘oyat rahmdil. Shunday qilib, Egamiz o‘sha kuni ertalabdan belgilangan vaqtgacha Isroil yurtiga o‘lat yubordi. Butun yurt bo‘ylab — Dandan Bershevagacha bo‘lgan joyda yetmish ming kishi o‘ldi. Egamizning farishtasi, Quddusni yo‘q qilaman, deb qo‘l ko‘targanda, Egamiz rahm qilib, balo–qazo jo‘natmaydigan bo‘ldi. Xalqni qirayotgan farishtaga: — Bo‘ldi, bas! Yetadi! — deb amr berdi. Egamizning farishtasi o‘sha paytda Quddusda — Yobus xalqidan bo‘lgan Aravno degan odamning xirmonida edi. Dovud xalqni o‘ldirayotgan farishtani ko‘rgach, Egamizga dedi: — Gunoh qilgan menman, men aybdorman! Qo‘yday beozor bu insonlar nima ayb qilibdi? G‘azabingni menga va otam xonadoniga socha qol! O‘sha kuni payg‘ambar Gad Dovudning huzuriga bordi va unga: — Yobus xalqidan bo‘lgan Aravnoning xirmoniga borib, o‘sha yerda Egamga atab bir qurbongoh qurgin, — dedi. Dovud Gadning so‘ziga kirib, xuddi Egamiz amr etganiday, xirmonga bordi. Aravno shoh bilan a’yonlarning o‘ziga tomon kelayotganini ko‘rdi va Dovudning oldiga borib, yerga muk tushib ta’zim qildi. — Shoh hazratlari nechun bu qulining oldiga tashrif buyurdilar? — deb so‘radi. — Egamga atab bir qurbongoh qurish uchun xirmoningni sendan sotib olgani keldim, toki o‘lat xalqdan daf bo‘lsin, — dedi Dovud. — Shoh hazratlari nimani ma’qul topsalar, Unga o‘shani nazr qilsinlar, — dedi Aravno. — Ana, kuydiriladigan qurbonliklar uchun ho‘kizlar, o‘tin uchun esa xo‘ptir va ho‘kizlarning bo‘yinturuqlari bor. Ey, shohim, bularning hammasini sizga in’om etaman. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — Egangiz Xudo sizdan rozi bo‘lsin! — Bo‘lmaydi! — dedi birdan shoh. — Sendan bu narsalarni o‘z bahosida sotib olaman. Tekin tushgan qurbonliklarni Egam Xudoga kuydirib nazr qilmayman. Shundan so‘ng Dovud xirmonni va ho‘kizlarni ellik kumush tangaga sotib oldi. Dovud o‘sha yerda Egamizga atab qurbongoh qurib, kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini atadi. Egamiz esa Isroil yurti uchun Dovudning iltijolariga javob berdi. Shunday qilib, Isroildan o‘lat daf qilindi. Shoh Dovud ancha keksaydi. Uni ko‘rpa–to‘shaklar bilan o‘rab tashlashsa ham, hech isimas edi. Shunda a’yonlari Dovudga aytishdi: — Hazrati oliylari uchun yosh, bokira qiz qidirib topsak. O‘sha qiz shohimiz oldida bo‘lsin, parvarish qilsin, shohimizning quchog‘ida yotsin. Ana shunda shoh hazratlari isiydilar. Shunday qilib, butun Isroil hududi bo‘ylab chiroyli, bo‘yi yetgan qizni qidirdilar. Nihoyat, Shunamlik Obisha ismli qizni topib, shoh huzuriga olib kelishdi. Qiz g‘oyatda go‘zal edi. U shohni parvarish qilib, uning xizmatida bo‘ldi. Lekin shoh qizga yaqinlashmadi. Absalom vafot etgandan keyin, Dovudning Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo ismli o‘g‘li “Men shoh bo‘laman”, deb o‘zini juda katta tutadigan bo‘lib qoldi. U o‘ziga jang aravalari, chavandozlar va ellikta qo‘riqchi oldi. Otasi esa “Nima uchun sen bunday qilyapsan?” deb hech qachon uni tergamadi. Odoniyo Absalomdan keyingisi bo‘lib, juda chiroyli yigit edi. U Zeruya o‘g‘li Yo‘ab va ruhoniy Abuatarga maslahat soldi. Ikkovi ham Odoniyo tarafiga o‘tdilar. Lekin ruhoniy Zodo‘x, Yohayido o‘g‘li Binayo, payg‘ambar Natan, Shimax, Rey va Dovudning qo‘riqchilari Odoniyo tomonga o‘tmadilar. Odoniyo En–Ro‘g‘ol bulog‘i bo‘yidagi Zo‘xalat toshi yonida qo‘y, buqa va boqilgan buzoqlarni qurbonlik qilib, hamma aka–ukalarini — shoh o‘g‘illarini, shohga qarashli barcha Yahudo a’yonlarini taklif qildi. Payg‘ambar Natanni, Binayoni, shohning qo‘riqchilarini, ukasi Sulaymonni esa taklif qilmadi. Shundan so‘ng Natan Sulaymonning onasi Botshevaga dedi: — Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo o‘zini–o‘zi shoh qilganini, Dovud hazratlari esa bu ahvoldan bexabar ekanini eshitmadingmi? Endi men senga shunday maslahat beraman: Sen o‘zingning va o‘g‘ling Sulaymonning hayotini qutqar. Shoh Dovud saroyiga borib, uning huzuriga kirgin. Shohga shunday deb ayt: “Shoh hazratlari bu cho‘risiga, mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi, deb va’da bermaganmidilar?! Nimaga endi Odoniyo shoh bo‘lib qoldi?” Sen u yerda shoh bilan suhbatni davom ettirayotganingda, men orqangdan kirib, sening gapingni qo‘llab–quvvatlayman. Botsheva borib, shoh Dovudning xonasiga kirdi: shoh juda munkillab qolgan, Shunamlik Obisha esa uning xizmatini qilayotgan edi. Botsheva shohga egilib ta’zim qildi. — Tila tilagingni, — dedi shoh. Botsheva unga dedi: — Shoh hazratlari! Bu cho‘ringizga o‘z Egangiz Xudo nomi bilan ont ichib “Mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb va’da bergan edingiz–ku. Endi esa Odoniyo shoh bo‘lib qolibdi. Shoh hazratlari esa bu haqda hech narsa bilmaydilar. U bir talay buqa, boqilgan buzoq va qo‘ylar so‘yib, shohimizning hamma o‘g‘illarini, ruhoniy Abuatarni, lashkarboshi Yo‘abni taklif qilibdi. Qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmabdi. Shoh hazratlari! Jamiki Isroil xalqining ko‘zlari sizga qadalgan, o‘zingizdan keyin taxtga kim o‘tirishini siz e’lon qilishingizni kutishyapti. Aks holda shoh hazratlari olamdan o‘tib, ota–bobolari yoniga ketganlarida, men va o‘g‘lim Sulaymon xiyonatkorday bo‘lib qolamiz. Botsheva shoh bilan gaplashayotganda, payg‘ambar Natan kelib qoldi. Shunda shohga: “Payg‘ambar Natan shu yerdalar, sizni ko‘rmoqchilar”, deb xabar berishdi. Natan shoh huzuriga kirdi–yu, yer o‘pib unga ta’zim qildi. Keyin u shohga dedi: — Shoh hazratlari! Siz “Mendan keyin Odoniyo shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb aytgan edingizmi? U bugun chiqiboq bir talay buqa, boqilgan buzoq, qo‘ylar so‘yib, shohning hamma o‘g‘illarini, qo‘shiningizning lashkarboshilarini va ruhoniy Abuatarni taklif qildi. Hammalari Odoniyoning huzurida yeb–ichib o‘tirishibdi, “Yashasin shoh Odoniyo!” deb baqirishyapti. Men, qulingizni, ruhoniy Zodo‘xni va Yohayido o‘g‘li Binayoni, qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmadi. Bularning hammasi shoh hazratlarining xohishiga ko‘ra bo‘ldimi? Shoh hazratlari o‘zlaridan keyin taxtga kim o‘tirishi haqida biz, qullariga nega ayon qilmadilar? Shunda Dovud “Botshevani menga chaqiringlar!” — dedi. Botsheva kirib, shoh qarshisida turdi. [29-30] Shoh ont ichib aytdi: — Meni har qanday balolardan doimo saqlab kelgan Xudoyim shohid! Men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan ont ichib, senga “O‘g‘ling Sulaymon mendan keyin shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb va’da bergan edim. O‘sha ontimni bugun ado etaman. *** Botsheva yer o‘pib, shohga ta’zim qildi: — Shohimiz Dovud hazratlari dunyo turguncha tursinlar! — Ruhoniy Zodo‘xni, payg‘ambar Natanni, Yohayido o‘g‘li Binayoni mening huzurimga taklif qilinglar! — dedi shoh Dovud. Ular shoh huzuriga kirib keldilar. Shundan so‘ng shoh ularga: — Yoningizga shohingizning qo‘riqchilarini olinglar, — dedi. — O‘g‘lim Sulaymonni mening xachirimga o‘tqazib, Gixo‘n bulog‘iga olib boringlar. U yerda ruhoniy Zodo‘x va payg‘ambar Natan Sulaymonning boshiga moy surtib, uni Isroil shohi qilsinlar. Keyin burg‘u chalib, baland ovoz bilan: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb aytinglar. So‘ng uning orqasidan qaytib kelinglar. U kelgach, mening taxtimga o‘tirsin, mening o‘rnimga shoh bo‘lsin. Men uni Isroil va Yahudoning hukmdori qilib tayinladim. Binayo shohga qarata: — Omin! Shohimiz hazratlarining Xudosi — Egamizning amri ham shunday bo‘lsin! — dedi. — Egamiz doim shoh hazratlari bilan bo‘lgan edi. Bundan keyin U Sulaymonga yor bo‘lsin, Sulaymonning taxtini shohimiz Dovud hazratlari taxtidan ham yuksak qilsin. Ruhoniy Zodo‘x, payg‘ambar Natan, Yohayido o‘g‘li Binayo, shohning Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilari Sulaymonni shoh Dovudning xachiriga o‘tqazib jo‘nadilar. Nihoyat, uni Gixo‘n bulog‘iga olib keldilar. Ruhoniy Zodo‘x chodirdan olib kelgan moy solingan qo‘chqor shoxini olib chiqdi va Sulaymonning boshiga moy surtdi. Keyin burg‘u chaldilar. Shunda butun xalq: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb qichqirdi. Xalq Sulaymonga ergashib, nay chalib, o‘yin–kulgi qilib ketdi. Xalqning qiyqirig‘idan go‘yo yer titrab ketdi. Odoniyo va hamma taklif qilinganlar taomni yeb bo‘lar–bo‘lmas, shovqin–suronni eshitib qoldilar. Yo‘ab burg‘u ovozini eshitib: “Nimaga bunchalik shovqin? Shaharni larzaga keltiradi–ya”, — dedi. U gapini tugatmagan ham ediki, ruhoniy Abuatarning o‘g‘li Yo‘natan kirib keldi. — Kel, — dedi Odoniyo unga, — sen ulug‘ odamsan, yaxshi xabar olib kelyapsan–ov. — Yo‘q, shohimiz Dovud hazratlari Sulaymonni shoh qilib ko‘tardilar, — deb javob berdi Yo‘natan. — Shoh Dovud u bilan birga ruhoniy Zodo‘xni va payg‘ambar Natanni, Binayoni, o‘zining Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarini yubordi. Ular Sulaymonni shohning xachiriga o‘tqazishdi. Ruhoniy Zodo‘x va payg‘ambar Natan Gixo‘n bulog‘ida Sulaymonning boshiga moy surtib, shoh qildilar. U yerdan shod–xurram bo‘lib qaytib kelishdi. Shuning uchun shahar ola–g‘ovur bo‘lib qoldi. Sizlar eshitayotgan shovqin–suronning boisi shudir. Sulaymon shohlik taxtiga o‘tiribdi. Shohning a’yonlari Dovud hazratlarini tabriklash uchun kelib shunday deyishdi: “Sulaymonning nomini Xudoyingiz sizning nomingizdan ham ko‘proq ulug‘lasin, uning taxtini sizning taxtingizdan ham yuksaltirsin.” Shoh esa to‘shagida yotganicha Xudoga sajda qilib, bunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bugun ko‘zlarim ochiqligida zurriyotimdan bittasini taxtga o‘tqazdi.” Odoniyoning mehmonlari qo‘rquv ichida o‘rinlaridan turib, hammasi har yoqqa tarqalib ketdilar. Odoniyo ham Sulaymondan qo‘rqqanidan o‘rnidan turdi–yu, qochib borib, qurbongohning burchagidan mahkam ushlab oldi. Sulaymonga shu xabarni olib keldilar: “Odoniyo shoh Sulaymondan qo‘rqyapti, u qurbongohning burchagini mahkam ushlab olib, Sulaymon, bu qulimni o‘ldirmayman, deb oldin menga so‘z bersin, deyapti.” — Agar u menga sodiq bo‘lsa, — dedi Sulaymon, — birorta tukiga zarar yetmaydi. Bordi–yu, ko‘nglida yomonlik bo‘lsa, boshini olaman. Shoh Sulaymon odam yuborib, Odoniyoni qurbongohdan oldirib keldi. Odoniyo kelib, shoh Sulaymonga ta’zim qildi. Shundan so‘ng Sulaymon: “Bor, uyingga jo‘na!” — dedi unga. Dovudning umri oxirlab borayotgan edi. U o‘g‘li Sulaymonga shunday deb vasiyat qildi: — Endi mening ham umrim oxirlab boryapti. Sen qat’iy irodali, mardonavor bo‘l. Egangiz Xudo qo‘ygan talablarni bajar. Musoning Tavrotida yozilganiday, Uning yo‘lidan yurib, farmon va amrlariga, qonun–qoidalari va shartlariga rioya qil. Shunda nima qilsang ham, qayerga borsang ham, har doim baraka topasan. Egamiz men haqimda aytgan mana bu va’dasini ado etadi: “Agar o‘g‘illaring Mening oldimda o‘z yo‘llaridan adashmay, butun qalbi bilan, jonu dili bilan sodiq bo‘lib yursalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi.” Yana Zeruya o‘g‘li Yo‘ab menga nima qilganini sen bilasan. U Isroilning ikkita lashkarboshisini — Nar o‘g‘li Abnur bilan Eter o‘g‘li Emosani o‘ldirib, tinchlik paytida urush davridagiday qon to‘kdi. Chorig‘idan tortib beligacha urushdagiday qonga bulg‘andi. Yo‘ab ajalidan besh kun burun o‘lsin, o‘liklar diyoriga tinchgina kirmasin. Shunga aqlingni ishlat. Giladlik Borzulayning o‘g‘illariga sadoqatli bo‘l. Ular sening dasturxoningdan taom yeydiganlar orasida bo‘lsin. Chunki men akang Absalomdan qochib yurganimda, ular mening oldimda hoziru nozir bo‘lishdi. Esingda bo‘lsin: yoningda Benyamin qabilasidan Boxurimlik Gera o‘g‘li Shimax ham bor. Moxanayimga qochib o‘tayotganimda, u meni yomon qarg‘agan edi. Lekin keyinroq u meni kutib olish uchun Iordan daryosi bo‘yiga chiqdi. Men Egamiz nomi bilan ont ichib, unga: “Seni o‘ldirmayman”, degan edim. Lekin sen uni aybsiz deb bilma. Sen aqlli odamsan, nima qilishni o‘zing bilasan. U qarib qolgan bo‘lsa ham, o‘ldirilishi kerak. Nihoyat, Dovud olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Dovud Isroilda qirq yil shohlik qildi: shundan yetti yili Xevronda, o‘ttiz uch yili Quddusda o‘tdi. Shunday qilib, Sulaymon otasi Dovud o‘rniga taxtga o‘tirdi. Uning shohligi mustahkam bo‘ldi. Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo Sulaymonning onasi Botsheva huzuriga keldi. — Tinchlikmi, bu yerga yaxshilik bilan keldingmi? — deb so‘radi Botsheva. — Ha, yaxshilik bilan, — dedi Odoniyo. — Sizda gapim bor edi. — Gapiraver, — dedi Botsheva. Odoniyo gap boshladi: — Yaxshi bilasiz, men shoh bo‘lishim kerak edi. Butun Isroil xalqi menga, bo‘lajak shoh, deb ko‘z tikib turgan edi. Lekin shohlik qo‘ldan ketdi, Egamizning xohishi bilan ukamga nasib qilgan ekan. Endi sizdan bir o‘tinchim bor, faqat yo‘q demang. — Gapir, — dedi Botsheva. — Iltimosim shuki, — dedi Odoniyo, — shoh Sulaymon bilan gaplashsangiz, Shunamlik Obishani menga xotinlikka bersa. Siz aytsangiz, yo‘q demaydi. — Yaxshi, men shohga sen to‘g‘ringda aytib ko‘ray–chi, — dedi Botsheva. Botsheva, Odoniyo haqida gaplashay, deb shoh Sulaymon huzuriga ketdi. Shoh unga peshvoz chiqib, ta’zim qildi, keyin yana taxtiga o‘tirdi. Shohning onasi uchun ham taxt qo‘yib berishdi. Botsheva shohning o‘ng tomoniga o‘tirdi. — Senga bitta kichkina iltimosim bor, qaytarmagin, — dedi Botsheva. — So‘rang, onajon, tilagingiz bajo bo‘lur, — dedi shoh. — Shunamlik Obishani akang Odoniyoga xotinlikka bersang, — dedi Botsheva. Sulaymon kinoyali ohangda onasiga dedi: — Nimaga Odoniyo uchun siz faqat Shunamlik Obishani so‘rayapsiz? Odoniyo akam bo‘lgandan keyin, u uchun shohlikni ham so‘rayvering. Axir, ruhoniy Abuatar, Zeruya o‘g‘li Yo‘ab uning tarafini olishlarini bilasiz–ku! Shoh Sulaymon Egamiz nomi bilan ont ichib, shunday dedi: — Agar Odoniyoni shu gapi uchun o‘ldirmasam, Xudo meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrog‘iga duchor qilsin. Otam Dovudning taxtiga meni o‘tqazib, kuch–qudratimni oshirgan va O‘zi aytganiday, mening sulolamni yaratgan Xudo shohid! Odoniyo shu bugunoq o‘ldiriladi! Shoh Sulaymon Binayoni jo‘natdi. Binayo Odoniyoni o‘ldirdi. Ruhoniy Abuatarga esa Sulaymon shu gaplarni aytdi: — Sen Onoto‘tga — o‘zingning yeringga jo‘nab qol! Sen aslida o‘limga loyiqsan! Lekin sen otam Dovudning oldida Egamiz Rabbiyning sandig‘ini olib borgan eding, otam bilan birga har narsaga bardosh bergan eding. Shuning uchun hozir seni o‘ldirmayman! Sulaymon Abuatarni Egamizning ruhoniyligidan mahrum qildi. Shunday qilib, Egamizning Shilo‘da Elax xonadoni haqida aytgan so‘zlari bajo bo‘ldi. Bu xabarni Yo‘ab ham eshitdi. Absalomga ergashmagan bo‘lsa ham, Odoniyo isyon ko‘targanda, Yo‘ab qo‘shilgan edi. Odoniyoning o‘limi haqida eshitgan Yo‘ab Egamizning chodiriga qochib bordi va qurbongohning burchagidan ushlab oldi. “Yo‘ab Egamizning chodiriga qochib ketibdi, qurbongoh yonida ekan”, degan xabarni Sulaymonga yetkazishdi. Sulaymon o‘sha zahoti Binayoni jo‘natib “Bor, uni o‘ldirib kel”, deb buyurdi. Binayo Egamizning chodiriga kelib, Yo‘abga: “Shohimiz seni, chodirdan chiqsin, deyaptilar”, deb xabar berdi. Yo‘ab esa: “Yo‘q, men shu yerda o‘lishni istayman”, deb javob qildi. Binayo: “Yo‘ab menga shunday–shunday dedi”, deb shohga yetkazdi. Shoh Binayoga: — U nima degan bo‘lsa, aytganini qil, — dedi, — uni o‘ldirib, dafn qil, toki Yo‘ab to‘kkan begunoh qonlarning javobgarligi mening va otam xonadonining gardanimizda qolmasin. Egamiz uning qonini o‘zining boshiga yetkazsin. U otam Dovudga bildirmasdan, ikkita solih, o‘ziga qaraganda yaxshi insonni o‘ldirgan edi. Ulardan biri Isroil lashkarboshisi, Nar o‘g‘li Abnur, ikkinchisi esa Yahudo lashkarboshisi Eter o‘g‘li Emosa edi. Ikkovining qoni to abad Yo‘abning gardanida, uning nasli gardanida qolsin. Egamiz Dovudni, uning naslini, xonadonini va toj–taxtini to abad salomat qilsin! So‘ng Binayo borib, Yo‘abni ham o‘ldirdi. Yo‘ab cho‘l yaqinidagi o‘z uyida dafn qilindi. Shoh Sulaymon Yo‘abning o‘rniga Binayoni lashkarboshi, Abuatarning o‘rniga Zodo‘xni ruhoniy qilib tayinladi. Shundan so‘ng shoh odam yuborib, Shimaxni chaqirtirib keldi va unga shunday dedi: — Quddusda o‘zingga bir uy qur va o‘sha yerda o‘tir. U yerdan hech qayerga chiqma. Shuni bilib qo‘yki, o‘sha yerdan chiqib, Qidron soyligidan o‘tgan kuningoq o‘liming muqarrardir. O‘zingning boshingni o‘zing yeysan. — Xo‘p bo‘ladi, shoh hazratlari, gapingiz to‘g‘ri, — dedi Shimax shohga. — Nima buyursalar, men, qulingiz, bajo aylarman. Shunday qilib, Shimax uzoq vaqt Quddusda yashab qoldi. Lekin oradan uch yil o‘tib, bir voqea yuz berdi: Shimaxning ikki quli Gat shohi Oxishning yoniga qochib ketdi. Shoh Oxish Maxo deganning o‘g‘li edi. Shimaxga: “Qullaring Gatda ekan”, deb xabar berdilar. Shimax eshagini egarladi va qullarini izlab Gatga — Oxish huzuriga yo‘l oldi. U yerga borib, qullarini qaytarib olib keldi. Shundan keyin Sulaymonga “Shimax Quddusdan Gatga borib, yana qaytib kelibdi”, deb xabar berdilar. Shoh Shimaxni chaqirtirib kelib, unga shunday dedi: — Senga: “Bilib qo‘y, Quddusdan chiqib, biror yerga borgan kuningoq o‘lishing muqarrar”, deb Egamiz nomi bilan ont ichdirib, qattiq ogohlantirmaganmidim?! Sen esa: “Xo‘p bo‘ladi! Gapingiz to‘g‘ri” degan eding. Nega Egamizga ichgan ontingga va mening amrimga itoat qilmading? Shoh yana Shimaxga aytdi: — Otam Dovudga qilgan yomonliklaringni o‘zing bilasan, yuragingda muhrlanib qolgan. Qilgan yomonliklaring uchun senga Egamizdan qaytsin! Shoh Sulaymon esa Egamizning marhamatidan bahramand bo‘lsin, Dovudning toj–taxti Egamizning oldida to abad mustahkam tursin! So‘ng shoh Sulaymon Binayoga amr berdi, u chiqdi–yu, Shimaxni o‘ldirdi. Shunday qilib, Sulaymonning shohligi xavf–xatardan xoli bo‘lib, mustahkamlandi. Sulaymon Misr shohi — Fir’avnning qizlaridan biriga uylanib, Fir’avn bilan aloqasini mustahkamladi, xotinini esa Quddusdagi Dovud qal’asiga olib keldi. U o‘z saroyini, Egamizning uyini va Quddus atrofidagi devorni bitirgunga qadar, xotini o‘sha yerda yashadi. Xalq hali ham turli joylardagi sajdagohlarda qurbonlik qilib yurardi, chunki o‘sha kunlargacha Egamizga atab bir uy qurilmagan edi. Sulaymon Egamizni sevardi, shuning uchun otasi Dovudning ko‘rsatmalari bo‘yicha yurardi. Lekin u ham sajdagohlarda qurbonlik qilar va tutatqi tutatardi. Shoh qurbonlik qilish uchun Givonga ketdi. Chunki eng asosiy sajdagoh o‘sha yerda edi. Sulaymon ilgari ham o‘sha qurbongohda minglab kuydiriladigan qurbonliklar keltirgan edi. Sulaymon Givonda kechasi tush ko‘rdi. Tushida Egamiz zohir bo‘ldi. Xudo unga: — Tila tilagingni! — dedi. Sulaymon aytdi: — Ey, Xudoyim! Otam Dovud Sening quling edi. Otam Senga sodiq bo‘lib, solihlik bilan, to‘g‘ri ko‘ngil bilan yurgani uchun, unga ulug‘ sevgingni ko‘rsatding. Otamga marhamat qilib, bugun uning taxtiga o‘tirmog‘i uchun unga bir o‘g‘il ato etding. Endi ey, Egam Xudo, bu qulingni otam Dovud o‘rniga shoh qilding. Men esa bir yosh boladayman, ko‘p narsaga aqlim yetmaydi, nima qilishimni ham bilmayman. Endi men, quling, O‘zing saylab olgan xalqni boshqarishim lozim. Ko‘pligidan bu xalqni hisoblab chiqishning imkoni ham yo‘q. Endi xalqingga shohlik qilishim uchun menga aql–idrok berginki, yaxshilik bilan yomonlikning farqiga borayin. Binobarin, Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila olar?! Sulaymon so‘ragan narsalar Rabbiyga ma’qul bo‘ldi. So‘ng Xudo unga dedi: — Sen o‘zing uchun uzoq umr so‘ramading, o‘zing uchun boylik istamading, dushmanlaringning jonini so‘ramading. Aksincha, to‘g‘ri hukm etmoq uchun o‘zing uchun aql–idrok so‘rading. O‘zingning so‘raganingga ko‘ra, senga donishmandlik va aql–idrok ato qilaman. Sendan avval o‘zingga o‘xshagani dunyoga kelmagan edi, bundan so‘ng ham senga o‘xshagani dunyoga kelmas. Yana o‘zing so‘ramagan narsalarni — boylik va obro‘ni ham beraman: umring bo‘yi shohlar orasida senga teng keladigani bo‘lmas. Sen ham farmonlarimga, amrlarimga rioya qilib, otang Dovud yurgani singari, Mening yo‘llarimdan yursang, umringni yanada uzaytiraman. Sulaymon uyg‘onib ketdi, hammasi tush edi. Shundan keyin u Quddusga keldi va Egamizning ahd sandig‘i oldida turib, kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qildi, hamma a’yonlariga ziyofat berdi. Bir kuni ikkita fohisha xotin shohning huzuriga kelib, uning oldiga kirishdi. Xotinlardan biri gap boshladi: — Hazrati oliylari! Men mana bu ayol bilan bir uyda yashayman. U bilan uyda qolganimda, mening ko‘zim yoridi. Mening ko‘zim yorigandan so‘ng uchinchi kuni bu ayol ham farzand ko‘rdi. Xullas, biz birga edik. Uyda faqat ikkovimiz, boshqa odam yo‘q edi. Manavi xotin kechasi bolasini bosib olgan ekan, bolasi o‘lib qolibdi. Yarim kechasi turib, bu cho‘ringiz uxlab yotganda, o‘g‘limni bag‘rimdan olib, o‘zining yoniga qo‘yibdi. Nobud bo‘lgan bolasini esa mening yonimga yotqizib qo‘yibdi. Bolamni emizish uchun saharda tursam, u jonsiz yotgan ekan. Faqat ertalab unga qarab, mening o‘g‘lim emasligini bildim. Ikkinchi xotin esa: — Yo‘q, tirigi — mening o‘g‘lim, o‘lgan bola — seniki! — dedi. Birinchisi esa: — Yo‘q, o‘lgan bola — seniki, tirigi — meniki! — dedi. Shunday qilib, ular shoh huzurida mojaro qilishdi. Nihoyat, shoh dedi: — Biringiz: “Tirigi — mening o‘g‘lim, nobud bo‘lgani — seniki”, deyapsiz. Ikkinchingiz esa: “Yo‘q, nobud bo‘lgani — seniki, tirigi — meniki”, deyapsiz. Shundan keyin shoh: — Menga bir qilich olib kelinglar! — deb buyurdi. Shohga qilich olib kelishdi. — Tirik bolani ikkiga bo‘linglar. Yarmini bittasiga, yarmini esa ikkinchisiga beringlar! — deb farmon berdi. Shu zahoti bolasi tirik qolgan ayol shohga dedi: — Hazrati oliylari! Tirik qolgan bolani manavi ayolga beravering! Uni o‘ldirmasangiz bo‘ldi! Bu ayolning farzandi uchun yuragi yonardi. Narigisi esa: — Menga ham bo‘lmasin, senga ham, ikkiga bo‘laveringlar! — dedi. Shu onda shoh: — To‘xtanglar, bolani o‘ldirmanglar! — dedi. — Bolani rahmdil ayolga beringlar, onasi o‘shadir. Shoh chiqargan bu hukmni butun Isroil xalqi eshitdi. Shundan keyin shohdan hayiqadigan bo‘ldilar, chunki e’tibor bersalar, adolatli hukm qilish uchun Xudo unga donishmandlik ato qilgan ekan. Sulaymon butun Isroilning shohi edi. Uning qo‘l ostidagi a’yonlar quyidagilar edi: Zodo‘x o‘g‘li Ozariyo — ruhoniy, Shishoning o‘g‘illari Elixorut va Oxiyo — kotib, Oxilud o‘g‘li Yohushafat — tarixnavis, Yohayido o‘g‘li Binayo — lashkarboshi, Zodo‘x bilan Abuatar — ruhoniy, Natan o‘g‘li Ozariyo — hokimlarning nazoratchisi, Natan o‘g‘li Zabud — ruhoniy va shohning maslahatchisi, Oxisar — saroy boshqaruvchisi, Abdax o‘g‘li Odoniram — qarollarning boshlig‘i edi. Sulaymonning o‘n ikkita hokimi bo‘lib, ular Isroil hududlarini boshqarar, shohni va shoh xonadonini oziq–ovqat bilan ta’minlardilar. Har bittasi yiliga bir oy davomida shoh xonadoniga oziq–ovqat yetkazib berishi shart edi. Ularning ismlari quyidagicha edi: Efrayim qirlarida — Banxur, Moxaz, Shalbim, Bayt–Shamash, Elo‘n–Bayt–Xanon degan shaharlarda — Bandaxor, Arbo‘t va So‘xo‘ shaharlarida, butun Xafer o‘lkasida — Banxesed, Butun Nafo‘t–Do‘r degan joyda — Banabunadov (Sulaymonning qizi To‘fat Banabunadovning xotini edi), Tanax va Maxido‘ shaharlarida, butun Bayt–Shan hududida — Oxilud o‘g‘li Bano (bu joy Yizril etagidagi Zoraton shahridan Ovil–Maxla shahrigacha va Yoxmayom shahrining narigi tomoniga qadar bo‘lgan yerlardir), Giladdagi Ramo‘t shahrida — Bangeber, shuningdek, Manashe o‘g‘li Yovir urug‘iga qarashli Gilad o‘lkasidagi qishloqlar, Bashan o‘lkasidagi Argob hududi, devor bilan o‘ralgan va darvozasi bronza tamba bilan mustahkamlangan oltmishta katta shahar ham unga qarardi. Moxanayim yerlarida — Iddo o‘g‘li Oxinadov, Naftali hududida — Oximas (u Sulaymonning qizi Bosimatga uylangan edi), Osher hududida va Bolo‘t shahrida — Xushay o‘g‘li Bano, Issaxor yerlarida — Paruvax o‘g‘li Yohushafat, Benyamin yerlarida — Ela o‘g‘li Shimax, Gilad o‘lkasida — Uri o‘g‘li Geber. Bu yurtda Sixo‘n — Amor xalqining shohi, O‘g — Bashan shohi bo‘lgan edi. Yahudo yurtining o‘z hukmdori bor edi. Yahudo va Isroil xalqi shu qadar ko‘p ediki, go‘yo dengiz qirg‘og‘idagi qumni eslatardi. Ular yeb–ichib, xursandchilik bilan yashashardi. Sulaymon Furot daryosidan Filistlar yeriga va Misr chegaralariga qadar bo‘lgan hamma o‘lkalarda shohlik qilardi. Bu o‘lkalardagi xalqlar Sulaymonga o‘lpon to‘lab, umr bo‘yi unga tobe bo‘ldilar. Sulaymon xonadonining bir kunlik ozig‘i quyidagicha edi: 300 tog‘ora sifatli un va 600 tog‘ora kepakli un, og‘ilxonada boqilgan semiz moldan 10ta va yaylovda boqilgan buqadan 20ta mol, 100ta qo‘y, bulardan tashqari, bug‘ular, kiyiklar, ohular, semiz parrandalar. Furot daryosining g‘arbidagi Tifsaxdan G‘azo shahriga qadar bo‘lgan o‘lkalarda, daryoning g‘arb tomonidagi hamma shohlar ustidan Sulaymon hukmron edi. Atrofdagi hamma yurtlar bilan aloqasi yaxshi edi. Sulaymon hayotligida Dandan Bershevaga qadar bo‘lgan Yahudo va Isroil yurtidagi har bir odam o‘z uzumzorida, o‘z anjir daraxti ostida tinchgina umr kechirardi. Sulaymonning otxonalarida jang aravalari uchun to‘rt ming oti, o‘n ikki ming uchqur otlari bor edi. O‘sha o‘n ikki hokimning har biri shoh Sulaymonni, shoh Sulaymonning dasturxonidan taom yeydiganlarning hammasini belgilangan oyda oziq–ovqat bilan ta’minlardi, birorta ham kamchilikka yo‘l qo‘yishmasdi. Har biri o‘zining navbati kelganda shoh tayinlagan yerga jang aravalarining otlari va boshqa otlar uchun arpa, somon ham olib kelishardi. Shunday qilib, Xudo Sulaymonga dengiz qirg‘og‘idagi qum kabi cheksiz–chegarasiz donolik, idrok, tengsiz aql berdi. Sulaymonning donoligi butun sharq xalqlarining donoligidan, butun Misr xalqining donoligidan ham ortiq edi. U hamma insonlardan, Zerax urug‘idan bo‘lgan Etxandan, Moxul o‘g‘illari Xaman, Qolko‘l, Dardaxdan ham dono edi. Atrofdagi hamma xalqlar orasida uning dong‘i ketgan edi. U 3000 matal, 1005ta qo‘shiqlar ijro etdi. U Lubnondagi sadr daraxtidan tortib devorda o‘sgan issopgacha, qo‘yingki, jamiki dov–daraxtlar, hayvonlar, qushlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar haqida so‘z yuritardi. Dunyodagi hamma shohlar Sulaymonning donoligidan bahramand bo‘lgani uning oldiga odamlarini yuborardi. Hamma xalqlardan odamlar kelib, Sulaymonning dono so‘zlarini eshitardilar. Tir shohi Xiram: “Sulaymonni otasining o‘rniga moy surtib shoh qilib ko‘tarishibdi”, degan xabarni eshitgach, a’yonlarini uning huzuriga jo‘natdi. Xiram Dovudni doimo o‘ziga do‘st deb bilardi. Sulaymon ham Xiram huzuriga a’yonlarini jo‘natib, shu gaplarni aytib yubordi: “Siz bilasizki, otam doimo dushmanlariga qarshi jang qilish bilan band bo‘lib, o‘zining Egasi Xudoga atab bir uy bunyod eta olmadi. Nihoyat, Egam otam Dovudning dushmanlarini uning oyoqlari ostiga tashladi. Egam Xudo endi menga har tarafdan osoyishtalik ato etdi: hozirda na g‘animim bor, na hujum xavfi bor. Egam otam Dovudga: “Sening o‘rningga, sening taxtingga o‘g‘lingni o‘tqazar ekanman, Menga atab uyni u barpo qiladi”, degan edi. Shuning uchun Egam Xudoga atab bir uy qurmoqqa qaror qildim. Endi siz amr bering, Lubnonda menga sadr daraxtlari kesib bersinlar. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar. Odamlaringizga siz so‘ragan haqni beraman. O‘zingiz bilasiz, daraxt kesishda Sidonlik odamlaringizga teng keladigan ustasi bizning oramizda yo‘q.” Xiram Sulaymon yuborgan xabarni eshitgach, juda xursand bo‘lib, shunday dedi: “O‘sha buyuk xalqni boshqarish uchun Egamiz Dovudga dono bir o‘g‘il ato qilibdi, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin.” Keyin u Sulaymonga shunday xabar jo‘natdi: “Menga aytib yuborgan gaplaringni eshitdim. Sadr va sarv daraxti kesishni so‘ragan ekansan, ehtiyojingni qondiraman. Qarollarim yog‘ochlarni Lubnondan dengizga sudrab keladilar. Qayerni tayin etsang, yog‘ochlardan sol qilib, dengiz sohili bo‘ylab o‘sha yerga keltirib beraman. U yerda sollarni yechdiraman, sen esa olib ketaverasan. Mening ehtiyojimni qondirib, odamlarim uchun oziq–ovqat berasan.” Shunday qilib, Xiram, Sulaymonning ehtiyojiga ko‘ra, sadr va sarv yog‘ochlari berdi. Sulaymon esa, Xiramning odamlari iste’mol qilsin, deb 200.000 tog‘ora bug‘doy va 40.000 ko‘za toza moy berdi. U har yili Xiramga shuncha miqdorda bug‘doy va moy berib turdi. Egamiz esa va’dasiga ko‘ra, Sulaymonga donishmandlik berdi. Xiram bilan Sulaymon o‘rtasida totuvlik paydo bo‘lib, ular o‘zaro sulh tuzdilar. Shoh Sulaymon butun Isroildan 30.000 qarolni majburlab oldi. Navbati bilan oyiga 10.000tasini Lubnonga jo‘natib turdi. Ular bir oy Lubnonda, ikki oy uyda bo‘lishardi. Bu qarollarga Odoniram boshchilik qilardi. Yana Sulaymonning og‘ir yuk tashuvchi 70.000, qirlarda tosh kesadigan 80.000 odami bor edi. Bulardan tashqari, qarollarni nazorat qiladigan, ishning boshida turadigan 3300ta nazoratchi ham bor edi. Sulaymon amr bergach, ular Egamizning uyi poydevorini taroshlangan toshdan barpo qilish uchun yirik marmar toshlarni kesdilar. Sulaymonning odamlari, Xiramning odamlari, Gabolliklar toshlarni yo‘ndilar, nihoyat, Egamizning uyini qurish uchun daraxt va toshlarni hozirlab bo‘ldilar. Isroil xalqi Misr yurtidan chiqqanlariga 480 yil bo‘lganda, Sulaymon Isroil taxtiga o‘tirganiga to‘rt yil bo‘lgan edi. U o‘sha yilning ikkinchi oyida — Ziv oyida Egamizning uyini barpo qilishni boshladi. Shoh Sulaymon Egamiz uchun qurayotgan uyning uzunligi 60 tirsak, eniga 20 tirsak, balandligi 30 tirsak edi. Egamiz uyining asosiy xonasi oldida ayvon bo‘lib, ayvonning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, eni 10 tirsak edi. Uyga panjarali derazalar ham yasattirdi. Uyning tashqaridagi devorining yoniga va orqasiga uch qavatli yon xonalar qurdirdi. Birinchi qavatning kengligi 5 tirsak, ikkinchi qavatning kengligi 6 tirsak, uchinchi qavatning kengligi 7 tirsak edi. Sulaymon uyning devorlarini, yon xonalarning hajmiga moslab, zinapoya shaklida qurdirdi. Shu sababdan yon xonalar uyning devoriga taqalmagan edi. Uy qurilishi uchun toshlardan foydalanildi. Toshlar konning o‘zida yo‘nib tayyorlandi. Shu sababdan uy qurilayotganda, na bolg‘a, na bolta, na biror temir asbob ovozi eshitildi. O‘rta qavatdagi yon xonaning eshigi uyning janub tomonida edi: aylanma zinapoya orqali o‘rta qavatga, o‘rta qavatdan esa uchinchisiga chiqilardi. Shunday qilib, Sulaymon uyning devorlarini qurib bitkazdi. So‘ng uyning tomini sadr daraxtidan qilingan to‘sinlar va taxtalar bilan yopdi. Uyning aylanasi bo‘ylab qurilgan yon xonalarning har bir qavatining balandligi 5 tirsak edi. To‘sinlar yon xonalar bilan uyning devorini bog‘lab turardi. Egamiz Sulaymonga shu so‘zlarni ayon qildi: — Mana, sen uyni quryapsan. Agar Mening farmonlarimga ko‘ra yursang, qonun–qoidalarimga rioya etsang, hamma amrlarimga itoat qilsang, o‘shanda otang Dovudga bergan va’dalarimni sen orqali bajaraman. Har doim Isroil xalqi orasidan maskan qilaman, xalqim Isroilni aslo tark etmayman. Shunday qilib, Sulaymon Xudoning uyini qurib bo‘ldi. Sulaymon Egamiz uyining devori ichkarisini yerdan shiftiga qadar sadr yog‘ochidan qilingan taxta bilan qoplatdi. Polini sarv yog‘ochi taxtasidan qildi. Ichki xona uyning ichkarisiga qurilgan bo‘lib, yerdan shiftiga qadar sadr yog‘ochi bilan ajratilgan edi. Bu xona Eng muqaddas xona, deb ataldi. Bu xonaning bo‘yi 20 tirsak chiqardi. Uyning asosiy xonasi 40 tirsak bo‘lib, Eng muqaddas xonaning old tomonida edi. Uyning ichkarisi sadr taxtalari bilan qoplanib, taxtalarga qovoq va ochilib turgan gullar surati shunday o‘yilgan ediki, devor toshlari ko‘rinmas edi. Eng muqaddas xona Egamizning ahd sandig‘ini qo‘yish uchun hozirlangan edi. O‘sha xonaning uzunligi ichki tarafdan 20 tirsak, kengligi 20 tirsak, balandligi ham 20 tirsak edi. Sulaymon bu xonani toza oltin bilan qoplatdi. Sadr yog‘ochidan yasalgan tutatqi qurbongohini ham oltin bilan qoplatdi. Sulaymon uyning asosiy xonasini ham oltin bilan qoplatdi. Oltin bilan qoplangan Eng muqaddas xonaning old tomoniga oltin zanjirlar torttirdi. Shunday qilib, Sulaymon uyning hamma joyini boshdan oxirigacha oltin bilan qoplatdi. Eng muqaddas xonaning kiraverishidagi tutatqi qurbongohini ham tamomila oltin bilan qopladi. So‘ng Eng muqaddas xonaga qo‘yish uchun zaytun daraxti yog‘ochidan ikkita karub yasattirdi. Karublarning balandligi 10 tirsak edi. Karublarning qanotlari 5 tirsakdan edi. Qanotlarning u uchidan bu uchigacha hammasi bo‘lib 10 tirsak chiqardi. Har ikkala karubning shakli, hajmi bir edi. Har bir karubning balandligi 10 tirsak edi. Sulaymon karublarni Eng muqaddas xonaga yonma–yon qo‘ydi. Karublarning qanotlari cho‘zilib ketgan, birining qanoti bir devorga, ikkinchisining qanoti esa narigi devorga tegib turardi. Uyning o‘rtasida esa ikkovining qanotlari bir–biriga tutashardi. Sulaymon karublarni ham toza oltin bilan qoplatdi. Ikkala xonaning devoriga gir aylanasi bo‘ylab karublar, palma daraxtlari, ochilib turgan gullarning suratini o‘ydirdi. Bu xonalarning polini ham oltin bilan qoplatdi. Eng muqaddas xonaning kirish joyiga zaytun yog‘ochidan ikki tavaqali eshik yasattirdi. Eshikning kesakisi besh qirrali edi. Zaytun yog‘ochidan yasalgan ikki tavaqali eshikka karublar, palma daraxtlari, ochilib turgan gullar suratini o‘ydirdi, so‘ng eshik ustini, karublar va palma daraxtlari suratini ham oltin bilan qoplatdi. Asosiy xonaning kiraverishidagi to‘rt burchakli kesakini zaytun yog‘ochidan, ikkita eshikni sarv daraxti yog‘ochidan yasadi. Eshiklarning har biri ikki tavaqali, yig‘ma edi. Eshiklarning yuzasiga ham karublar, palma daraxti, ochilib turgan gullar suratini o‘ydirib, ularni oltin bilan bir tekis qilib qoplatdi. Ichki hovli devorlarining uch qatorini taroshlangan toshdan, bir qatorini sadr yog‘ochidan qildi. Egamiz uyining poydevori Sulaymon hukmronligining to‘rtinchi yilida — Ziv oyida qo‘yilib, o‘n birinchi yilning sakkizinchi oyida — Bul oyida loyihaga binoan batamom, hamma ikir–chikirigacha qurib bitkazildi. Shunday qilib, Sulaymon uyni yetti yil davomida bunyod qildi. Sulaymon o‘ziga ham saroy qurdi. U o‘z saroyini o‘n uch yilda qurib bitkazdi. U dastlab saroydagi “ Lubnon o‘rmoni” degan uyini qurdi. Uyning uzunligi 100 tirsak, kengligi 50 tirsak, balandligi 30 tirsak bo‘lib, sadr yog‘ochidan to‘rt qator ustun o‘rnatilgan, ustunlar tepasiga sadr yog‘ochidan qilingan to‘sinlar tashlangan edi. Uyning tomi sadr yog‘ochi bilan qoplangan edi. To‘sinlar qirq beshta bo‘lib, har qatorda o‘n beshtadan edi. Yon devorlardagi derazalar uch qator bo‘lib, bir–biriga ro‘parama–ro‘para edi. Hamma eshiklar va eshiklar kesakisi to‘rt burchakli qilib yasalgan, yon devorlarda uchtadan eshik bo‘lib, bir–biriga ro‘parama–ro‘para edi. Sulaymon saroyning “Ustunli koshona”sini ham qurdi. Koshonaning bo‘yi 50 tirsak, eni 30 tirsak edi. Koshonaning old tomonida ayvon qurdirib, ustun bilan tiradi. Ayvonning tomi yopilgan edi. Yana saroyning taxt turadigan koshonasini qurdirib, tepasidan pastiga qadar sadr yog‘ochi bilan qopladi. Sulaymon bu koshonada o‘tirib, hukm chiqarardi. Bu koshonaning orqa tomonidagi hovlida Sulaymon yashaydigan uy bor edi. Bu uy ham ayni shu tarzda qurilgan edi. Sulaymon xotini — fir’avnning qizi uchun ham xuddi shu koshona kabi bir uy qurib berdi. Binolar poydevoridan tomigacha marmar toshlardan qilingan edi. Marmar toshlarning old va orqa tomoni arralab taroshlangan, belgilangan o‘lchovga ko‘ra tayyorlangan edi. Hovlining devorlari ham shu tarzda qurilgan edi. Poydevorning marmar toshlari yirik, 8 tirsakli, 10 tirsakli edi. Devori ham marmar toshlardan qurilgan edi. Toshlar belgilangan o‘lchovga ko‘ra tayyorlanib, taroshlangan edi. Devor qurilishida sadr yog‘ochidan ham foydalanildi. Katta hovlining chor atrofi devor bilan o‘ralgan bo‘lib, uch qator taroshlangan tosh va bir qator sadr yog‘ochidan qilingan edi. Egamiz uyining ichki hovlisi bilan ayvoni devorlari ham shunday qilingan edi. Shoh Sulaymon Tir shahridan Xurom degan bir odamni chaqirtirib keldi. U Naftali qabilasidan bir beva ayolning o‘g‘li edi. Otasi Tir shahridan bo‘lib, misgar o‘tgan edi. Xurom bor iste’dodi, mahorati va aqlini ishga solib, bronzadan turli buyumlar yasashni o‘rganib olgan edi. U Sulaymon huzuriga kelgach, hamma ishlarni bajarib berdi. Xurom bronzadan ikkita ustun yasadi, har bir ustunning balandligi 18 tirsak, tevaragi 12 tirsak chiqardi. Bronzani eritib yana ikkita ustunqosh yasadi, bu ustunqoshlar ustunlarning tepasiga qo‘yish uchun kerak edi. Ustunqoshlarning balandligi 5 tirsak edi. Ustunqoshlarning har biri yettita to‘rsimon bezaklaru to‘qilgan zanjirlar bilan bezatilgan edi. Ustunqoshlarni qoplash uchun har bir to‘rsimon naqsh atrofidan aylanasiga ikki qator qilib anor surati solingan edi. Har bir ustunning ikkinchi ustunqoshi ham bor edi. Ularning balandligi 4 tirsak bo‘lib, lolagul shaklida edi. Ustunqoshning bo‘rtiq joylariga to‘rsimon bezaklar solingan bo‘lib, bezaklarning tepasi va pastiga aylantirib, 200ta anor surati solingan edi. Xurom ustunlarni uyning ayvoniga o‘rnatdi: janub tomoniga o‘rnatilgan ustunga Yoxin deb, shimol tomoniga o‘rnatilgan ustunga Bo‘az deb nom berdi. Ustunlarning tepasi lolagul shaklida edi. Shunday qilib, ustunlar tayyor bo‘ldi. Keyin Xurom bronzani eritib dumaloq shaklda hovuz yasadi. Hovuzning bir qirg‘og‘idan narigi qirg‘og‘igacha 10 tirsak, balandligi esa 5 tirsak edi. Aylanasi 30 tirsak edi. Hovuzning tashqi tomonida, qirg‘og‘i ostida aylanasiga ikki qator qovoqsimon bo‘rtiq bor edi. Har bir tirsak masofada o‘ntadan shunday shakl qilingan edi. Bronza eritilib, hovuz yasalayotgan paytda, bu qovoqsimon bo‘rtiqlar ham qilingan edi. Hovuz bronzadan qilingan o‘n ikkita buqa ustiga o‘rnashtirilgan edi. Buqalarning uchtasi shimolga, uchtasi g‘arbga, uchtasi janubga va uchtasi sharqqa qaratilgan edi. Buqalarning orqa tomoni hovuzning ichkarisiga qaratilgan edi. Hovuzning qalinligi to‘rt enli bo‘lib, chetlari kosaning chetlariga o‘xshar, shakli lolagulga o‘xshardi. Unga 4000 ko‘za suv sig‘ardi. So‘ng Xurom bronzadan o‘nta arava yasadi. Har bir aravaning uzunligi 4 tirsak, kengligi ham 4 tirsak, balandligi 3 tirsak edi. [28-29] Aravalarning tuzilishi quyidagicha edi: aravalarning to‘rtala tomonida bronzadan yasalgan to‘siqlar bo‘lib, bu to‘siqlarga arslon, buqa va karublarning surati solingan edi. Har bir to‘siqning to‘rt tomoniga bo‘rtiq shaklda gulchambarlar ishlangan edi. *** Har bir aravaning to‘rtta bronza g‘ildiragi va o‘qlari bor edi. Aravaning har to‘rtala burchagida ham tog‘orani ushlab turadigan tirgovuchlar bor edi. Har bir quyma tirgovuchning yonboshida gulchambarlar yasalgan edi. Aravaning tepasida dumaloq shaklda chambarak bo‘lib, aravadan bir tirsak yuqori chiqib turardi. Chambarak ko‘ndalangiga bir yarim tirsak edi. Chambarak og‘zi ham aylanasiga suratlar bilan bezatilgan edi. Aravalarning to‘siqlari esa to‘rtburchak shaklda edi. Aravalarning to‘rtala g‘ildiragi yon to‘siqlarning ostida edi. G‘ildiraklarning o‘qlari aravaga mahkamlangan, har bir g‘ildirakning balandligi bir yarim tirsak edi. G‘ildiraklarning tuzilishi jang aravasi g‘ildiragining tuzilishiga o‘xshardi: g‘ildiraklarning o‘qlari, to‘g‘ini, kegaylari, gupchaklari quyma edi. Har bir aravaning to‘rt burchagida to‘rtta kashak bor edi. Kashaklar aravaga mahkamlangan edi. Aravaning yuqorisidan yarim tirsak balandlikda dumaloq halqa bor edi. Aravaning yuqorisidan tirgovuch va yon to‘siqlari birga qo‘yilgan edi. Shunday qilib, Xurom har bir tirgovuchning va yon to‘siqlarning yuzasiga karublar, arslonlar, palma daraxtlari va gulchambarlar suratini o‘ydi. U o‘nta aravaning hammasini bir xil shakl va hajmda yasadi. Xurom o‘nta aravaning ustiga qo‘yish uchun bronzadan o‘nta tog‘ora yasadi. Har bir tog‘oraga 80 ko‘za suv sig‘ar edi. Har bir tog‘ora ko‘ndalangiga 4 tirsak chiqardi. Har bir aravaga bittadan tog‘ora edi. Aravaning beshtasini Egamiz uyining janub tomoniga, beshtasini shimol tomoniga qo‘ydi. Hovuz shaklini esa uyning janubi–sharq tomoniga o‘rnashtirdi. Xurom qozonlar, kurakchalar va tog‘orachalar ham yasadi. Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid quyidagi ashyolarni yasab berdi: ikkita ustun, ustunlarning tepasidagi ikkita doira shaklidagi ustunqosh, ustunqoshni o‘rab turgan ikkita to‘rsimon bezak, ikkala bezakning yonlarida to‘rt yuzta anor surati, ya’ni ustunlar tepasida doira shaklidagi ikkita ustunqoshni qoplab turish uchun har bir to‘rsimon bezakning ikkala chekkasidagi anor suratlari, o‘nta arava, aravaning ustidagi o‘nta tog‘ora, bitta hovuz, hovuz ostidagi o‘n ikki buqa shakli, qozonlar, kuraklar, tog‘orachalar. Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid ana shu ashyolarni sayqal bronzadan yasab berdi. Shoh bu narsalarni Iordan vodiysi atroflarida — Suxo‘t va Zoraton orasida loydan yasalgan qoliplarda quydirdi. Buyumlar g‘oyat ko‘pligidan Sulaymon bronzani o‘lchamasdan ishlataverdi. Shuning uchun ishlatilgan bronzaning hisobi aniqlanmadi. Sulaymon Egamizning uyi uchun quyidagi hamma buyumlarni ham yasattirdi: oltindan yasalgan tutatqi qurbongohi, ustida muqaddas nonlar turadigan oltin xontaxta, o‘nta toza oltindan ishlangan chiroqpoyalar (bu chiroqpoyalar Eng muqaddas xonaning oldida bo‘lib, beshtasi janub tomonda, beshtasi shimol tomonda turardi), yana oltindan gullar, moychiroqlar, qisqichlar, toza oltindan tog‘oralar, qaychilar, tog‘orachalar, kurakchalar va olovkuraklar, Eng muqaddas xona eshigining oshiq–moshig‘i, asosiy xonaning eshiklari oshiq–moshig‘i. Shunday qilib, shoh Sulaymon Egamizning uyiga oid ishlarni bitirdi. Sulaymon otasi Dovud nazr qilgan narsalarni, kumush, oltin va turli buyumlarni olib keldi. Ularni Egamiz uyining xazinasiga qo‘ydi. Shundan so‘ng Sulaymon Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yo‘lboshchilarini, Isroil xalqi urug‘boshilarini Quddus shahriga to‘pladi. U Egamizning ahd sandig‘ini Dovud qal’asidan — Siondan Egamizning uyiga olib kelmoqchi edi. Ularning hammasi yettinchi oyda — Yetanim oyidagi Chayla bayrami kuni shoh Sulaymonning huzuriga yig‘ilishdi. Isroil oqsoqollarining hammasi kelgach, ruhoniylar sandiqni yerdan ko‘tarishdi. Ruhoniylar va levilar Egamizning sandig‘i bilan birga, Uchrashuv chodirini, chodirdagi barcha muqaddas buyumlarni Egamizning uyiga olib kelishdi. Shoh Sulaymon va to‘plangan butun Isroil jamoasi sandiqning oldida qo‘ylar, mollar so‘yib, qurbonlik qilishdi. Qurbonlik qilingan qo‘y va mollar shu qadar ko‘p ediki, hisobiga yetib bo‘lmasdi. Ruhoniylar Egamizning ahd sandig‘ini unga atalgan joyga — Eng muqaddas xonaga, karublarning qanotlari ostiga qo‘yishdi. Karublarning qanotlari sandiq usti bo‘ylab cho‘zilgan va sandiq hamda uning xodalarini berkitib turardi. Xodalar shunchalik uzun ediki, ularning uchi Eng muqaddas xonaning shundaygina oldidan ko‘rinib turardi, boshqa joydan esa ko‘rinmasdi. Xodalar bugungacha ham o‘sha yerda turibdi. Sandiqning ichida Muso Sinay tog‘ida qo‘ygan ikkita tosh lavhadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin Sinay tog‘ida Egamiz ular bilan ahd tuzgan edi. Ruhoniylar Muqaddas xonadan chiqayotganlarida, Egamizning uyi bulut bilan to‘lib ketdi. Bulut nur sochib, ko‘zni qamashtirardi. Ruhoniylar xizmatni davom ettirish uchun u yerga kirolmay qoldilar, chunki uy Egamizning ulug‘vorligi bilan to‘lgandi. Shunda Sulaymon ibodat qildi: — Ey, Egamiz! Sen, zim–ziyo zulmatda maskan qilarman, degan eding. Mana endi senga ajoyib bir uy, abadiy istiqomat qilishing uchun bir maskan barpo qildim. Keyin shoh orqasiga qayrilib, tik turgan jamiki Isroil jamoasini duo qildi. Shoh dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U otam Dovudga bergan va’dasini bajardi. Egamiz otamga shunday degan edi: “Xalqim Isroilni Misrdan olib chiqqan kunimdan beri Men ulug‘lanadigan uy barpo qilish uchun Isroil qabilalarining birorta shaharni tanlamadim, balki xalqim Isroil ustida hukmron bo‘lsin, deb Dovudni tanladim.” Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qilmoq otam Dovudning niyati edi. Lekin Egamiz otam Dovudga shunday deb aytdi: “Modomiki, Menga atab bir uy barpo qilmoqni ko‘nglingga tuygan ekansan, yaxshi qilibsan. Biroq Menga atab o‘sha uyni sen emas, balki sening pushti kamaringdan bino bo‘ladigan o‘g‘ling barpo qiladi.” Egamiz va’da bergan edi, bajo ayladi: otam Dovudning o‘rniga taxtga men chiqdim, Egamiz va’da etganiday, Isroil taxtiga o‘tirdim, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy bino qildim. O‘sha uyda Ahd sandig‘i uchun ham joy tayyorladim. Egamiz ota–bobolarimizni Misr yurtidan olib chiqqandan keyin, ular bilan qilgan ahd lavhasi shu sandiqning ichida turibdi. Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida Isroil jamoasi ro‘parasida qo‘llarini ko‘kka cho‘zganicha dedi: — Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Na yuqorida — ko‘kda, na quyida — yerda Senga o‘xshashi yo‘q. Senga butun qalbi bilan bog‘lanib, Sen ko‘rsatgan yo‘ldan yuradigan qullaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan. Quling — otam Dovudga Sen O‘z og‘zing bilan bergan va’dalaringni bugun qo‘ling bilan bajo aylading. Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! O‘zingning qulingga — otam Dovudga: “Bolalaring ham senga o‘xshab oldimda o‘ylab qadamini bossalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi”, deb va’da bergan eding. Endi bergan va’dangni ado et! Ey, Isroil xalqining Xudosi! Qulingga — otam Dovudga aytganlaring to‘g‘ri chiqsin, deb iltijo etaman. Xudo yer yuzida yasharmidi?! Sen osmonga, hatto falak toqiga ham sig‘massan. Falak toqi oldida men qurgan uy nima bo‘libdi?! Ey, Egam Xudo, iltijo bilan qilgan ibodatimni qabul et! Senga yolvorib qilayotgan iltijolarimga javob ber. Sen: “Men o‘sha yerda ulug‘lanay”, deb aytgan eding. Ko‘zlaring kechayu kunduz o‘sha joyga — o‘sha uyga qadalib tursin. Men, quling o‘sha tomonga qarab ibodat qilaman, ibodatlarimni tingla. Isroil xalqi bilan birga o‘sha tomonga qarab qilgan iltijolarimizga quloq tut. Samolardan — O‘z makonningdan turib quloq sol, eshitginu gunohimizdan o‘t. Kimdir gunohkorlikda ayblansa, o‘sha odam kelib, uying — qurbongohing oldida aybsizman, deb ont ichsa, ey, Egam, samodan turib quloq sol, qullaringni O‘zing hukm et. Gunohkorning qilmishini bo‘yniga qo‘y, jazosini ber. Gunohsizning esa haqligini ko‘rsat, haq bo‘lgani uchun uni ozod qil. Xalqing Isroil Sening oldingda gunoh qilgani uchun yovga mag‘lub bo‘lsa, yana qaytib Seni tan olsa–da, o‘sha uyda Senga yolvorib iltijo qilsa, Sen samodan turib, ularning iltijolariga quloq sol, gunohlaridan o‘t. Otalariga O‘zing bergan yurtga ularni qaytar. Ular Senga qarshi gunoh etganlari uchun osmon berkilib, yomg‘ir yog‘maganda, ular o‘sha uyga qarab, Seni yana tan olib iltijo qilsalar, Sen ularni gunohlari uchun jazolaganingda, tavba qilsalar, qullaring Isroil xalqiga samodan turib quloq sol, ularning gunohidan o‘t. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat, toki o‘sha yo‘ldan ketsinlar, keyin xalqingga mulk qilib bergan yerga yomg‘ir yog‘dir. Yurtda ocharchilik yo o‘lat paydo bo‘lsa, garmsel, zang kasali, chigirtka, qurt–qumursqa bossa yoki o‘z yurtida yov qamal qilsa, yoxud kulfat, xastalik boshiga kelsa, har qanday inson yoki xalqing Isroil Senga yolvorib ibodat qilsa, har kim o‘z yuragidagi dardini aytib, bu uy tomonga qo‘llarini cho‘zsa, [39-40] Sen osmondan — maskaningdan turib quloq sol va ularning gunohidan o‘t. Har birining tutgan yo‘liga qara, xizmatiga yarasha ber, toki Sen O‘zing ota–bobolarimizga bergan yurtda umrlarining oxirigacha Sendan qo‘rqib yashasinlar. Zotan, jamiki inson bolasining ko‘nglidagini yolg‘iz Sen bilasan, xolos. *** Xalqing Isroildan bo‘lmagan begona odam Seni deb uzoq yurtdan kelib, Sening shuhrating, qudrating va ajoyibotlaring haqida eshitib, o‘sha uyga qarab ibodat qilsa, Sen makoningdan turib quloq sol. O‘sha odamning so‘raganini bajo ayla, toki yer yuzidagi hamma xalqlar Seni bilishsin, xalqing Isroil kabi Sendan hayiqadigan bo‘lsin. Men barpo qilgan shu uy Senga atab qilinganini bilsin. Sen xalqingni g‘animlariga qarshi jang qilishga yuborganingda, ular O‘zing tanlab olgan bu shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar, osmondan turib ularning iltijolarini eshit, bajo ayla. Sening oldingda ular gunoh qilganlarida, chunki gunoh qilmaydigan odamning o‘zi yo‘q, Sen g‘azablanib, ularni yaqin yoki uzoq yurtlarga asir qilib olib ketadigan dushmanlarning qo‘liga bersang, ular g‘animlari yurtida asirlikda yurib, esini yig‘ib olgach: “Gunoh qildik, shakkoklik qildik, aybdormiz”, deb tavba qilib, Senga yolvorsalar, g‘animlar yurtida butun qalbi bilan, jonu dili bilan Senga qaytsalar, O‘zing ota–bobolariga bergan yurtga, O‘zing tanlab olgan shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, O‘zingga ibodat qilsalar, samodan — makoningdan turib ularning qilgan iltijolarini eshit, bajo ayla. Xalqing Senga qarshi qancha gunoh qilgan bo‘lmasin, Senga qarshi qanchalik isyon qilgan bo‘lmasin, ularni kechir. Xalqingni asir etgan yov ko‘nglida shafqat qo‘zg‘atgin, toki ular xalqingga mehribonlik qilsin. Axir, Isroil Sening xalqing, Sening ulushingdir. Ularni Misrdan — temir o‘choq ichidan O‘zing olib chiqqansan. Xalqing Senga doimo iltijo qilganda, men, qulingning iltijolarini, xalqing iltijolarini eshitib, ularga doimo nazaringni solib marhamat qilgin. Zotan, ota–bobolarimizni Misrdan olib chiqqaningda, quling Muso orqali aytganingday, ularni O‘zingning ulushing qilib, dunyodagi hamma xalqdan ajratib olding, ey, Egamiz Rabbiy! Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida tiz cho‘kib, qo‘llarini yuqoriga ko‘targanicha, Unga ibodatini aytib bo‘lgach, o‘rnidan turdi. Sulaymon tik turganicha baland ovoz bilan Isroil jamoasini duo qildi: — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U va’dasiga ko‘ra, O‘zining xalqi Isroilga tinchlik–omonlik berdi. U quli Muso orqali yaxshi va’dalar bergan edi, o‘sha va’dalarning birontasi ham bajarilmay qolmadi. Egamiz Xudo ota–bobolarimiz bilan bo‘lganiday, biz bilan ham bo‘lsin, bizni tark etmasin, tashlab ketmasin. Egamizning yo‘lidan yurmoq uchun, ota–bobolarimizga buyurgan amr, farmon va qonun–qoidalarga rioya etmog‘imiz uchun ko‘nglimizni O‘ziga rom qilsin. Egamizning oldida iltijo qilarkanman, shu iltijolarimga quloq tutib, bu qulining va O‘zining xalqi Isroilning kundalik ehtiyojlarini bajo aylasin, toki dunyodagi jamiki qavmlar Egamiz — Xudo ekanini bilib qo‘ysin. Undan boshqasi yo‘q. Hozirgiday, uning farmonlari bo‘yicha yurmoq uchun, amrlariga rioya etmoq uchun chin yurakdan Egamiz Xudoga bog‘laninglar. Shundan keyin shoh va hamma Isroil xalqi Egamizga atab qurbonlik qildilar. Sulaymon 22.000 mol, 120.000 qo‘yni Egamizga atab tinchlik qurbonligi qildi. Shu tariqa shoh va butun Isroil xalqi Egamizning uyini bag‘ishladilar. Shu kuni shoh Egamizning uyi oldidagi hovli o‘rtasini ham muqaddas qildi. So‘ng o‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yog‘ini nazr qildi, chunki bularning hammasi Egamizning huzuridagi bronza qurbongoh ustiga sig‘magan edi. Keyin Sulaymon va u bilan birga katta jamoa — Levo–Xomatdan tortib Misr soyligiga qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi Egamiz Xudo oldida Chayla bayramini nishonlashdi. Bayram o‘n to‘rt kun davom etdi. Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bag‘ishlanishini nishonlashdi, yetti kun Chayla bayramini qilishdi. Chayla bayramidan keyin Sulaymon xalqqa ruxsat berdi, xalq shohni duo qildi. Shundan keyin Egamiz O‘z quli Dovudga va Isroil xalqiga ko‘rsatgan muruvvati tufayli hammaning ko‘ngli shodlikka to‘lib, uylariga qaytib ketdilar. Sulaymon Egamizning uyini ham, o‘zining saroyini ham qurib bo‘ldi. Mo‘ljallangan hamma yumushlarni tamom qildi. Shundan keyin Egamiz Sulaymonga, ilgari Givonda zohir bo‘lganiday, yana zohir bo‘ldi. Egamiz unga shu so‘zlarini ayon qildi: — Menga qilgan iltijolaringni eshitdim. Sen qurgan va O‘zim ulug‘lanadigan uyni muqaddas qildim. Ko‘zlarim, ko‘nglim doimo o‘sha yerda bo‘ladi. Sen ham Mening oldimda, otang Dovud kabi, sofdillik bilan va to‘g‘ri bo‘lib yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang, Isroil ustidan shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Otang Dovudga ham: “Sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi”, deb va’da bergan edim. Sen ham, sening nasling ham Men ko‘rsatgan yo‘ldan qaytsangiz, sizlarga bergan amr va farmonlarimga rioya qilmasangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangizlar, topinsangizlar, Isroilni O‘zim bergan yurtdan uloqtirib tashlayman. Men muqaddas qilgan, O‘zim ulug‘lanadigan uyni tark etaman. Ana o‘shanda Isroil xalqi hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ladi, hamma xalqlar ularni masxara qiladi. Hozir ajoyib bo‘lib turgan uyning yonidan o‘tganlar buning ayanchli ahvolini ko‘rganda, dahshatga tushib: “Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a?” deb qotib qoladi. So‘ng yana o‘zlari shunday xulosa chiqaradilar: “E–ha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan, o‘zlarining Egasi Xudodan yuz o‘girdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, o‘sha xudolarga topinib, xizmat etdilar–ku! Qilmishlariga yarasha o‘zlarining Egasi ularning boshiga shu ko‘rgiliklarni solibdi–da.” Sulaymon ikkala uyni — Egamizning uyini va o‘z saroyini yigirma yilda bitirgan edi. Tir shohi Xiram Sulaymonning ehtiyojiga ko‘ra, sadr yog‘ochi, sarv yog‘ochi, oltin yetkazib bergan edi. Shoh Sulaymon Xiramga bu xizmatlari uchun Jalila o‘lkasidagi yigirmata shaharni berdi. Xiram: “Sulaymon bergan shaharlarni ko‘ray–chi”, deb Tirdan yo‘lga chiqdi, lekin u shaharlar Xiramga ma’qul kelmadi. — Do‘stim, menga bergan shaharlaring shumi bori–yo‘g‘i?! — dedi Xiram Sulaymonga. Xiram o‘sha yerlarga Kavul deb nom berdi va bugunga qadar shu nom bilan yuritiladi. Xiram esa shoh Sulaymonga 250 pud oltin yuborgan edi. Shoh Sulaymon majburlab olgan qarollarni chaqirtirib, Egamizning uyini, o‘zining saroyini barpo ettirgan edi. Shuningdek, Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkam qildirgan va Quddus devorini qurdirgan edi. Xazor, Maxido‘ va Gezer shaharlarini mustahkamlagan edi. Misr fir’avni Gezerga bostirib kelib, shaharni qo‘lga olgan va o‘t qo‘ygandi. Shu yerda istiqomat qilayotgan Kan’on aholisini qirib tashlab, shaharni o‘zining qizi — Sulaymonning xotiniga sep qilib bergandi. Shundan so‘ng Sulaymon Gezerni, Pastki Bayt–Xo‘ronni, Baalatni, Yahudoning cho‘lidagi Tamarni, o‘zining hamma ombor shaharlarini, jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi. Shu o‘lkada qolib ketgan Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi. Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini tamomila qirib bitirolmagan edi. Sulaymon o‘sha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha bor. Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qul qilmadi. Shohning sipohlari, a’yonlari, akobirlari, lashkarboshilari, jang aravalarining qo‘mondonlari va suvorilarining qo‘mondonlari Isroil xalqidan edi. Sulaymonning ishboshilari 550 kishi bo‘lib, ular ishlayotgan odamlar ustidan nazoratchi edilar. Fir’avnning qizi Dovud qal’asidan o‘ziga atalgan saroyga ko‘chib o‘tdi. Bu saroyni Sulaymon unga atab barpo qilgan edi. Shundan keyin Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkam qildirdi. Sulaymon Egamizga atab qurgan qurbongohda yiliga uch marta kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qilar, tutatqi tutatardi. Shunday qilib, u Egamizning uyini bitkazgan edi. Shoh Sulaymon Edom yurtida, Qizil dengiz bo‘yidagi Elet yonida — Ezyo‘n–Geber shahrida kemalar yasadi. Xiram o‘z tajribali dengizchilarini Sulaymonning odamlari bilan birga kemalarda jo‘natdi. Ular Ofirga borib, u yerdan 900 pud oltin olib, shoh Sulaymonga keltirib berdilar. Shava malikasi Sulaymonning dong‘ini, Egamizga atab qilgan ishlarini eshitgach, Sulaymonning huzuriga keldi. U Sulaymonga topishmoqlar aytib sinab ko‘rmoqchi edi. Malika Quddusga juda ko‘p miqdorda oltin va qimmatbaho toshlar, xushbo‘y ziravorlar yuklangan katta karvonni boshlab keldi. Malika Sulaymonning huzuriga kirgach, ko‘nglida nima bo‘lsa, hammasini unga aytdi. Sulaymon malikaning hamma savollariga javob berdi, malikaning birorta savoliga javob berishda qiynalmadi. Shava malikasi Sulaymonning donoligini, u qurgan saroyni, dasturxonidagi noz–ne’matlarni, a’yonlarning tartib–qoidaga ko‘ra joylashuvlarini, shoh soqiylari va bakovullarining xizmat liboslarini, Egamizning uyida shoh kuydiriladigan qurbonliklarni nazr qilganini ko‘rdi. Malika g‘oyat hayratlanib, shohga dedi: — Sizning ishlaringiz, donoligingiz haqida yurtimda eshitganlarim to‘g‘ri ekan. Kelib o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmaguncha gap–so‘zlarga ishonmagan edim. Menga hatto yarmini ham aytishmagan ekan. Men eshitgandan ham ko‘ra, donoroq ekansiz, boyligingiz ham juda ko‘p ekan. Naqadar baxtiyordir odamlaringiz! Omadlidir xizmatkorlaringiz! Ular doimo huzuringizda bo‘lib, donoligingizdan bahra olishar. Sizdan mamnun bo‘lib, Isroil taxti uzra o‘tqazgan Egangiz Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U Isroilni to abad sevgani uchun adolat va to‘g‘rilik bilan hukm etsin, deb sizni shoh qilgan ekan. Malika Sulaymonga 250 pud oltin, behisob xushbo‘y ziravorlar, qimmatbaho toshlar hadya qildi. Hech kim shoh Sulaymonga oldin ham, keyin ham Shava malikasi berganchalik xushbo‘y ziravorlar hadya qilmagan edi. Xiramning Ofirdan oltin olib kelgan kemalari juda ko‘p sandal daraxti yog‘ochlari, qimmatbaho toshlar keltirgandi. Shoh u yog‘ochlardan Egamizning uyi uchun ham, shoh saroyi uchun ham jihozlar, musiqachilar uchun lira va arfalar yasattirgandi. Bugungacha bunaqa sandal daraxti yog‘ochlari keltirilmagan va hech kim ko‘rmagan edi. Shoh Sulaymon Shava malikasiga istaganini va so‘raganini muhayyo qildi. Bundan tashqari, malikaga ko‘ngildan chiqarib hadyalar in’om etdi. Shundan keyin malika hamma odamlarini ergashtirib, o‘z yurtiga jo‘nab ketdi. Har yili Sulaymonga kelib turadigan oltinning og‘irligi 1425 pud edi. Odamlarning oldi–sottisidan, savdogarlar tijoratidan olinadigan soliq va butun Arab shohlaridan, Isroildagi viloyat hokimlaridan olinadigan o‘lpon bunga kirmasdi. Shoh Sulaymon oltindan ikki yuzta katta qalqon yasattirdi. Har bir qalqonni yasashga yarim pud oltin sarf bo‘ldi. Yana oltindan uch yuzta kichik qalqon ham yasattirdi. Har bir qalqon uchun 400 misqol oltin sarf bo‘ldi. Shoh bu qalqonlarni “ Lubnon o‘rmoni” degan uyga qo‘ydi. U yana fil tishidan katta taxt yasab, uni toza oltin bilan qoplatdi. Taxtning oltita pog‘onasi bo‘lib, suyanchig‘ining yuqorisi orqaga qayrilgan, o‘rindig‘ining ikki tomonida tirsagi bor edi. Tirsaklarning yonida ikkita sher tasviri turardi. Har bir pog‘onaning ikki chekkasida ham bittadan sher tasviri bo‘lib, taxtning olti pog‘onasida jami o‘n ikkita sher tasviri bor edi. Bunday taxt boshqa birorta shohlikda bo‘lmagan edi. Shoh Sulaymonning ichimlik ichadigan hamma idishlari oltindan, “Lubnon o‘rmoni” degan uydagi hamma idishlar ham toza oltindan bo‘lib, birorta ham buyum kumushdan yasalmagan edi. Sulaymon davrida kumush arzimas narsa bo‘lib qolgandi. Xiramning kemalari qatorida, Sulaymonning ham dengizda savdo kemalari bo‘lib, bu kemalar har uch yilda qaytib oltin, kumush, fil tishlari, turli–tuman maymunlar olib kelardi. Shunday qilib, Sulaymon boylikda ham, donolikda ham yer yuzidagi hamma shohlardan o‘tib ketdi. Sulaymonga Xudo bergan donolikni eshitmoq uchun butun dunyo uning oldiga kelgani oshiqardi. Kelganlarning har biri kumush va oltin idishlar, kiyim, qurol–aslaha, xushbo‘y ziravorlar, ot va xachirlar hadya qilib olib kelar edi. Bunday hol yillab davom etardi. Sulaymon jang aravalari va otlar to‘pladi. Uning bir ming to‘rt yuzta jang aravasi va o‘n ikki mingta oti bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — o‘zining yoniga joylashtirdi. Shoh Quddusda kumushni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi. Shohning savdogarlari Misrdan va Quvaydan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvaydan sotib olishardi. Misrdan keltirilgan har bir jang aravasi uchun 600 kumush tanga, har bir ot uchun 150 kumush tanga to‘lashardi. So‘ng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi. Shoh Sulaymon fir’avnning qizidan boshqa yana Mo‘ablik, Ommonlik, Edomlik, Sidonlik va Xet xalqidan ko‘pgina ajnabiy ayollarga ko‘ngil qo‘ydi. Egamiz Isroil xalqiga bu xalqlar haqida gapirib, shunday degan edi: “Ularga qiz bermanglar ham, qiz olmanglar ham. Aks holda ular ko‘nglingizni o‘z xudolariga rom qilib qo‘yadilar.” Sulaymon esa o‘sha ayollarga shahvat bilan yopishdi. Uning yetti yuzta xotini shohlar qizlaridan bo‘lib, uch yuzta kanizagi ham bor edi. Xotinlari sababli shoh begona xudolarga yuz burdi. Oxiri shunday bo‘ldiki, keksaygan chog‘ida shohning ko‘ngli xotinlari tufayli begona xudolarga moyil bo‘ldi. Dovud o‘zining Egasi Xudoga chin yurakdan bog‘langan edi, Sulaymon esa otasiga o‘xshamadi. Shunday qilib, Sulaymon Sidon aholisining xudosi Ashtaret, Ommon xalqining makruh xudosi Mo‘laxga sajda qila boshladi. Sulaymon Egamiz oldida qabihliklar qildi. Otasi Dovud Egamizga sodiq qolgan bo‘lsa, Sulaymon unday qilmadi. Quddusning sharqidagi tepalikda Mo‘ab xalqining makruh xudosi Xamo‘shga va Ommon xalqining makruh xudosi Mo‘laxga sajdagoh qurdi. Hamma ajnabiy xotinlari o‘z xudolariga tutatqi tutatib, qurbonliklar keltirishlari uchun shunday qildi. [9-10] Egamiz unga ikki marta zohir bo‘lib: “Begona xudolarga ergashma”, deb amr bergan edi. Lekin u Isroil xalqining Xudosi — Egamizdan yuz o‘girdi. Egamizning amrini bajo qilmadi. Egamiz Sulaymondan qattiq g‘azablandi. *** Shundan keyin U Sulaymonga dedi: — Modomiki, Sen bilan qilgan ahdimni va senga amr qilgan farmonlarimni bila turib bajarmagan ekansan, Men endi shohlikni sendan tortib olaman va tobe odamlaringdan biriga beraman. Lekin otang Dovudning haqi–hurmati uchun bu ishni sen hayotligingda qilmayman. Shohlikni o‘g‘lingning qo‘lidan tortib olaman. Shunda ham shohlikning hammasini tortib olmayman, qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, O‘zim tanlab olgan Quddus haqi–hurmati uchun bitta qabilani sening o‘g‘lingga qoldiraman. Egamiz Sulaymonga Edomlik Hadadni dushman qilib qo‘ydi. U Edom shohlari naslidan edi. Ancha oldin Dovud Edomliklar bilan urush qilgan edi. O‘sha jangda Isroil xalqidan halok bo‘lganlarni dafn qilish uchun lashkarboshi Yo‘ab Edomga bordi. Isroil lashkari va Yo‘ab Edomdagi erkak zotini bitta qo‘ymay qirib tashlagunga qadar, olti oy u yerda qolgan edilar. Shunda Hadadga va uning otasiga xizmat qilgan ba’zi Edomliklar Misrga qochib ketishgan edi. O‘sha paytda Hadad kichkina bola edi. Ular Midiyondan jo‘nab, Poronga yetib kelishdi. Porondan ham odamlar ularga qo‘shildilar. Keyin Misrga — Misr shohi fir’avn huzuriga yetib kelishdi. Fir’avn Hadadga uy berdi, oziq–ovqat tayin etdi, yer berdi. Hadad fir’avnning hurmatini qozondi. Fir’avn Hadadga qayinsinglisini — malika Taxpanasning singlisini nikohlab berdi. Xotini Hadadga o‘g‘li Ganuvatni tug‘ib berdi. Taxpanas bolani fir’avn xonadonida tarbiya qila boshladi. Ganuvat fir’avn xonadonida uning o‘g‘illari qatorida ulg‘aydi. Hadad Misrda: “Dovud olamdan o‘tibdi, lashkarboshi Yo‘ab ham vafot etibdi”, degan xabarni eshitgach, fir’vnga dedi: — Menga ijozat bersalar, o‘z yurtimga ketsam. Yurtimga ketaman, deysan, nima, mening yonimda biror narsaga muhtojlik sezyapsanmi? — deb so‘radi fir’avn. — Yo‘q, aslo, lekin baribir, menga ijozat bersalar, — deb turib oldi Hadad. Xudo Razo‘nni ham Sulaymonga dushman qilib qo‘ydi. Razo‘n Elyodax deganning o‘g‘li edi. Razo‘n o‘z xo‘jayini, Zo‘vo shohi Hadadzarning dastidan qochib ketgan edi. Dovud Zo‘voliklarni qirgach, Razo‘n ham atrofiga bir bosqinchi guruhni to‘plab, o‘sha guruhga bosh bo‘ldi. So‘ng ular Damashqqa borib, u yerda joylashdilar. Damashqda o‘z hukmronligini o‘rnatdilar. U ham Sulaymon hayot paytida Isroilga dushman bo‘lib qoldi. Razo‘n Oramda shoh bo‘lib turar ekan, Hadad kabi, Isroilga nafrat bilan qarab, doimo dushmanlik qilib keldi. Yana Sulaymonning a’yonlaridan biri — Efrayim qabilasidan bo‘lgan Yeribom degani ham shohga qarshi bosh ko‘tardi. U Zarido shahridan Nabat deganning o‘g‘li edi. Yeribomning onasi beva ayol bo‘lib, oti Zaruva edi. Yeribom Sulaymonga qarshi bosh ko‘targanining sababi quyidagicha edi: Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkamlab, otasi Dovud qal’asining devorlarini tuzatgan edi. Yeribom juda ham qobiliyatli yigit edi. Yeribomning g‘ayratliligini ko‘rgan Sulaymon uni Yusuf qabilasidan olingan barcha qarollarga nazoratchi qilib qo‘ydi. Bir kuni Yeribom Quddusdan tashqari chiqqan edi, Shilo‘lik payg‘ambar Oxiyo bilan yo‘lda uchrashib qoldi. Oxiyo yangi kiyimlar kiyib olgan ekan. U yerda ikkovidan boshqa hech kim yo‘q edi. Shu payt Oxiyo ustidagi yangi kiyimlarini yechdi–yu, yirtib o‘n ikki bo‘lakka bo‘lib tashladi. Keyin Yeribomga dedi: — O‘zingga o‘n bo‘lagini ol. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ham shunday aytmoqda: “Men Sulaymonning qo‘lidan shohlikni tortib olaman va o‘nta qabilani senga beraman. Qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, Isroilning hamma qabilalari orasidan O‘zim tanlab olgan Quddus shahri haqi–hurmati uchun bitta qabila Sulaymonniki bo‘ladi. Sulaymon Mendan yuz o‘girib, Sidonning xudosi Ashtaretga, Mo‘ab xudosi Xamo‘shga, Ommonning xudosi Mo‘laxga sajda qila boshladi. Otasi Dovudga o‘xshamadi, oldimda to‘g‘ri ishlar qilmadi, farmonlarimga va qonun–qoidalarimga rioya qilmadi, yo‘llarimdan yurmadi. Ammo shohlikni undan tamomila tortib olmayman. Amr va farmonlarimga rioya qilgan va o‘zim tanlab olgan qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, Sulaymonni umrining oxirigacha shoh qilaman. Shohlikni esa uning o‘g‘lidan tortib olib, o‘nta qabilani senga beraman. Men o‘sha yerda ulug‘lanay, deb O‘zim uchun Quddus shahrini tanlaganman. Qulim Dovudning chirog‘i Quddusda hech qachon o‘chmasin, deb Sulaymonning o‘g‘liga bitta qabilani beraman. Men seni Isroil shohi qilaman, ko‘ngling qayerni istasa, o‘sha yerda shohlik qilaverasan. Agar qulim Dovudga o‘xshab aytganlarimga itoat qilsang: yo‘llarimdan yursang, oldimda to‘g‘ri ishlar qilsang, farmon va amrlarimga rioya qilsang, Men sen bilan bo‘laman. Isroilni senga berib, Dovudga qilganimday, xonadoning hukmronligini o‘zingdan keyin ham davom ettiraman. Sulaymonning shu qilmishlari evaziga Dovudning naslini tahqirlayman, lekin to abad emas.” Sulaymon Yeribomni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Yeribom esa Misrga — Misr shohi Shishaxning yoniga qochib ketdi. U Sulaymon vafot etguncha Misrda qoldi. Sulaymonning boshqa ishlari, butun faoliyati, uning donishmandligi haqida “Sulaymonning ishlari” kitobida yozib qoldirilgan. Sulaymon Quddusda butun Isroil ustidan hukmdor edi. Uning hukmronligi qirq yil davom etdi. Sulaymon olamdan o‘tdi. U otasi Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga esa o‘g‘li Raxabom shoh bo‘ldi. Raxabom Shakam shahriga ketdi. Jamiki Isroil xalqi ham, Raxabomni shoh qilib ko‘taramiz, deb Shakamga kelishdi. Nabat o‘g‘li Yeribom bu haqda eshitib, Misrdan qaytdi. U Sulaymonning dastidan Misrga qochib ketganicha, hanuz o‘sha yerda edi. Isroil xalqi odam yuborib, uni ayttirib keldi. So‘ngra Yeribom bilan barcha Isroil jamoasi Raxabom huzuriga kelib, unga shu gapni aytishdi: — Otangiz bizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi. U bizni majbur qilgan og‘ir mehnatni endi siz yengillatib, bo‘yinturuqdan xalos qiling. O‘shanda biz sizga itoat etamiz. — Hozir qaytib ketaveringlar, — dedi Raxabom kelganlarga, — uch kundan keyin yana huzurimga kelinglar. Shunday qilib, xalq qaytib ketdi. Shoh Raxabomning otasi Sulaymon hayotligi davrida oqsoqollar har doim uning oldida hoziru nozir edilar. Shoh o‘sha oqsoqollarga maslahat soldi. — Sizlar nima deysizlar, bu xalqqa nima deb javob bersam bo‘ladi? Oqsoqollar shohga shunday deb maslahat berishdi: — Agar siz bu xalqqa bugun qul bo‘lib xizmat qilsangiz, ularga javob berganingizda, yaxshi so‘zingizni ayamasangiz, ular sizga bir umr xizmat qiladilar. Lekin shoh oqsoqollarning maslahatlarini rad qildi. Birga o‘sgan va o‘ziga xizmat qilayotgan yosh yigitlar bilan maslahatlashdi. Shoh o‘sha yigitlarga dedi: — Bu xalq menga: “Otangiz bizga solgan og‘ir bo‘yinturuqdan endi bizni siz xalos qiling”, deyapti. Ularga nima deb javob berayin? Sizlar qanday maslahat berasizlar? Raxabom bilan birga o‘sib–ulg‘aygan yosh yigitlar unga shunday maslahat berishdi: — Arz qilgan o‘sha xalqqa shunday deb ayt: “Mening sinchalog‘im otamning belidan ham yo‘g‘on. Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib, jazolayman.” Raxabom Yeribom bilan xalqqa: “Uchinchi kuni huzurimga kelinglar”, deb aytgani uchun, xalq aytilgan paytda shoh Raxabomning huzuriga keldi. [13-14] Shoh oqsoqollarning bergan maslahatlarini pisand qilmay, yosh yigitlarning gapiga kirib, xalqqa keskin javob berdi: — Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan urib jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib jazolayman. *** Shunday qilib, shoh xalqqa quloq solmadi. Egamizning Shilo‘lik Oxiyo orqali Nabat o‘g‘li Yeribomga bergan so‘zi bajo bo‘lishi uchun, Xudo bu voqeani shunday rejalashtirgan edi. Isroil xalqi qarasaki, shoh gapga quloq solmayapti. Shundan keyin xalq unga shunday xitob qildi: “Essay o‘g‘li Dovudning bizga o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘q, Bizning ham undan qarzimiz yo‘q! Ey, Isroil xalqi, hamma o‘z uyiga qaytsin! Ey, Dovud, endi o‘z ko‘mochingga o‘zing kul tortaver!” Shunday qilib, Isroil xalqi uylariga tarqalib ketdi. Faqat Yahudo shaharlarida yashaydigan Isroil xalqi ustidangina Raxabom hukmronlik qiladigan bo‘lib qoldi. Shoh Raxabom qarollar boshlig‘i Odoniramni Isroil xalqi oldiga yuborgan edi, Isroil xalqi uni toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Bu xabarni shoh Raxabom eshitdi–yu, shosha–pisha jang aravasiga minib Quddusga qochdi. Isroil xalqi o‘sha kundan boshlab Dovud xonadonidan yuz o‘girdi. Isroil xalqi: “Yeribom qaytib kelibdi”, degan xabarni eshitishdi–yu, odam yuborib, uni o‘zlarining huzuriga chaqirtirib kelishdi. Isroil xalqi Yeribomni butun Isroilga shoh qildilar. Dovud xonadoniga sodiq bo‘lgan faqat Yahudo qabilasi qoldi, boshqa hech kim bu xonadonga ergashmadi. Sulaymon o‘g‘li Raxabom Quddusga kelib, Yahudo va Benyamin qabilalaridan 180.000 odamni sipohlikka tanlab oldi. “Shohlikni qaytarib olaman”, degan maqsadda ularni Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun tayyorladi. Lekin o‘shanda payg‘ambar Shamayoga Xudoning quyidagi so‘zlari ayon bo‘ldi: “Sulaymonning o‘g‘li, Yahudo shohi Raxabomga, butun Yahudo va Benyamin qabilasiga, bu yerdagi boshqa xalqlarga shu gaplarni yetkaz: — Egamiz shunday aytmoqda: qarindoshlaringiz Isroil xalqiga qarshi urush boshlamanglar! Har kim o‘z uyiga qaytsin! Chunki bu ishlar hammasi Mendan bo‘ldi.” Ular Egamizning amriga itoat etib, uylariga qaytib ketdilar. Yeribom Efrayim qirlaridagi Shakam shahrini mustahkam qilib, o‘sha yerda o‘rnashdi. U yerdan Paniyolga ketib, u shaharni ham mustahkam qildi. Keyin Yeribom o‘ziga o‘zi aytdi: “Shohlik yana Dovud xonadoniga qaytib qolishi mumkin. Agar bu xalq Egamizning uyiga qurbonlik qilish uchun Quddusga boraversa, u paytda xalqning ko‘ngli yana o‘zlarining hukmdori Yahudo shohi Raxabomga chopadi, meni esa o‘ldiradilar.” Shundan so‘ng shoh maslahatchilari bilan maslahatlashib, ikki oltin buzoq yasadi va xalqqa dedi: — Ey, Isroil, Quddusga borib yurishingizga hojat yo‘q! Mana, sizlarni Misrdan olib chiqqan xudolaringiz! Yeribom oltin buzoqlarning birini Baytil shahriga, ikkinchisini Dan shahriga o‘rnashtirdi. Xalq oltin buzoqlarga topinmoq uchun Baytilga va Danga borardi. Bu narsalar esa hammani gunohga botirdi. Yeribom, bundan tashqari, begona xudolarga atab sajdagohlar qurdirdi. Levi qabilasidan bo‘lmagan xalqdan ruhoniylar tayinladi. Yeribom sakkizinchi oyning o‘n beshinchi kunini, Yahudoda bo‘ladigan bayramga o‘xshash bayram deb tayin qildi. Keyin qurbongohga chiqib, Baytilda yasagan oltin buzoqlarga qurbonliklar keltirdi. Baytilda o‘zi barpo qilgan sajdagohlarga ruhoniylar tayinlagan edi. Shunday qilib, sakkizinchi oyning o‘n beshinchi kunini Isroil xalqi uchun bayram deb tayin etgach, Baytilga bordi. Bayramni nishonlash uchun qurbongoh yoniga kelib qurbonlik keltirdi. Yeribom qurbongohning yonida qurbonlik kuydirmoqchi bo‘lib turgan paytda, bir payg‘ambar, Egamizning amriga ko‘ra, Yahudodan Baytilga keldi. Payg‘ambar Egamizning amri bilan qurbongohga nido qildi: — Qurbongoh, ey, qurbongoh! Egamiz shunday aytur: “Dovud xonadonida bir o‘g‘il farzand dunyoga kelar, Uning ismi Yo‘shiyo bo‘lur. Sajdagohlarda qurbonlik kuydiradigan ruhoniylarni sening ustingda qurbon qilur. Sening ustingda inson suyaklarini yoqar.” Payg‘ambar o‘sha kuniyoq buning alomati to‘g‘risida aytdi: — Egamiz aytgan alomat quyidagicha bo‘ladi: Qurbongoh yorilib ketar, ustidagi kul to‘kilar. Yeribom payg‘ambarning Baytildagi qurbongohga aytgan so‘zlarini eshitgach, qurbongohdan unga tomon qo‘lini uzatib: “Ushlanglar uni!” — dedi. Yeribomning payg‘ambarga qarshi cho‘zilgan qo‘li esa qurib, yog‘ochday qotib qoldi. Uning qo‘li bukilmaydigan bo‘lib qoldi. Egamizning payg‘ambar orqali aytgan alomati bajo bo‘ldi: qurbongoh yorilib, ustidagi kul to‘kilib ketdi. Shunda shoh payg‘ambarga dedi: — Iltijo qilaman, Egangiz Xudoga men uchun yolvorib, ibodat eting, toki qo‘lim avvalgi holiga kelsin. Payg‘ambar Egamizga ibodat qilgan edi, shohning qo‘li avvalgi holiga kelib, bukiladigan bo‘ldi. Shoh payg‘ambarga yana aytdi: — Men bilan yur uyimga, tamaddi qilib ol, senga hadyalar beray. Payg‘ambar shohga dedi: — Boyligingning yarmini bersang ham, sen bilan bormayman, bu yerda non ham yemayman, suv ham ichmayman. Egamiz menga: “Non yemaysan, suv ichmaysan, borgan yo‘lingdan qaytmaysan”, deb amr bergan. Shundan keyin payg‘ambar Baytilga kelgan yo‘lidan qaytmay, boshqa yo‘ldan ketdi. Baytilda keksa bir payg‘ambar yashardi. Uning o‘g‘illari kelib, Yahudolik payg‘ambarning shu kuni Baytilda qilgan ishlari haqida otalariga aytib berdilar. Payg‘ambarning shohga aytgan so‘zlarini ham otalariga bayon qildilar. Otasi o‘g‘illaridan: “O‘sha odam qaysi yo‘ldan ketdi?” — deb so‘radi. Yahudodan kelgan payg‘ambarning qaysi yo‘ldan ketganini unga o‘g‘illari ko‘rsatdilar. Shunda keksa payg‘ambar o‘g‘illariga: “Eshagimni egarlanglar!” — dedi. O‘g‘illari payg‘ambarning eshagini egarlab berdilar, u eshagiga minib jo‘nadi. Keksa payg‘ambar Yahudolik payg‘ambarning izidan ketdi va nihoyat uni topdi. Yahudolik payg‘ambar eman daraxti ostida o‘tirgan ekan. Keksa payg‘ambar undan: — Yahudodan kelgan payg‘ambar senmisan? — deb so‘radi. — Ha, menman, — deb javob berdi u. Keksa payg‘ambar unga: — Men bilan yur uyimga, tamaddi qilib ol, — dedi. Yahudolik payg‘ambar unga aytdi: — Sen bilan birga qaytib borolmayman. Bu yerda sen bilan birga non ham yemayman, suv ham ichmayman. Egamiz menga: “U yerda non ham yemaysan, suv ham ichmaysan, borgan yo‘lingdan qaytmaysan”, deb amr bergan. Payg‘ambar esa unga shunday dedi: — Men ham senga o‘xshagan bir payg‘ambarman, Farishta menga Egamizning shu so‘zlarini aytdi: “Uni yo‘ldan qaytarib, o‘zing bilan birga uyingga olib kel, non yeb, suv ichib olsin.” Lekin keksa payg‘ambar yolg‘on gapirayotgan edi. Shunday qilib, Yahudolik payg‘ambar keksa payg‘ambar bilan birga qaytib keldi, uning uyida tamaddi qildi. Ular dasturxon atrofida o‘tirganlarida, keksa payg‘ambarga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi. Keksa payg‘ambar esa Yahudolik payg‘ambarga shunday dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Sen Mening so‘zimga itoat qilmading! Men, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqib orqangga qaytding. Men senga non yema, suv ichma, deb aytgan yerda yeb–ichding. Endi sening jasading ota–bobolaring xilxonasiga dafn qilinmaydi.” Yahudolik payg‘ambar tamaddi qilib bo‘lishi bilanoq, keksa payg‘ambar uning eshagini egarlab berdi. Yahudolik payg‘ambar yo‘lda ketayotgan edi, oldidan bir sher chiqib qoldi. Sher uni tilka–pora qilib, jasadni yo‘lning ustiga tashladi. Eshak ham, sher ham jasadning oldida turardi. Shu yerdan o‘tib ketayotgan odamlar yo‘l o‘rtasidagi jasadni va jasad yonida turgan sherni ko‘rdilar. Odamlar keksa payg‘ambar yashaydigan shaharga borib, ko‘rganlarini aytdilar. Yahudolik payg‘ambarni yo‘ldan qaytarib kelgan keksa payg‘ambar ham shu voqeani eshitdi va shunday dedi: — Egamizning amriga itoat etmagan payg‘ambar o‘shadir. Shuning uchun Egamiz sherni yubordi va sher uni tilka–pora qilib tashladi. Egamiz, aytganiga binoan, uni o‘ldirdi. Keksa payg‘ambar o‘g‘illariga: “Eshagimni egarlanglar!” — dedi. O‘g‘illari eshakni egarlab berdilar. U borib, yo‘l o‘rtasida yotgan jasadni topdi. Eshak ham, sher ham jasadning yonida turar, sher jasadni yemagan, eshakka hech qanday zarar yetkazmagan edi. Keksa payg‘ambar Yahudolik payg‘ambarning jasadini yerdan ko‘tarib olib, eshakka ortdi va orqasiga qaytarib, olib ketdi. “Uni dafn qilib, unga aza ochay”, deb shaharga keldi. Jasadni o‘zining qabriga qo‘ygach: “Voy, jigarim, voy jigarim!” deb qabr ustida faryod chekdi. Yahudolik payg‘ambarni dafn qilgach, keksa payg‘ambar o‘g‘illariga: — Vafot etganimdan so‘ng meni ham Yahudolik payg‘ambar dafn qilingan xilxonaga qo‘yinglar, — dedi. — Suyaklarim uning suyaklari yonida tursin. Egamizning amriga ko‘ra, Baytildagi qurbongoh va Samariya shaharlaridagi hamma sajdagohlar haqida uning aytgan so‘zlari albatta bajo bo‘ladi. Bu hodisadan keyin ham Yeribom qabih yo‘ldan qaytmadi. Yana sajdagohlarga oddiy xalqdan ruhoniylar tayin etdi. Kimni xohlasa, o‘shani ruhoniy qilib tayinlayverdi. Bu gunoh ishlar Yeribom naslining yer yuzidan qirilib, yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘ldi. O‘sha paytda shoh Yeribomning o‘g‘li Abiyo kasal bo‘lib qoldi. Yeribom xotiniga: — Qani, tur, kiyimlaringni o‘zgartir, toki mening xotinim ekanligingni hech kim bilib qolmasin, — dedi. — Shilo‘ga jo‘na. Payg‘ambar Oxiyo o‘sha yerda. Isroil xalqining shohi bo‘lishim haqida u bashorat qilgan edi. O‘nta non, bir nechta kulcha, bir xumcha asal olib, payg‘ambar Oxiyoning huzuriga bor. O‘g‘limizga nima bo‘lishini u senga aytadi. Xotini Yeribom aytganiday qildi, o‘rnidan turib, Shilo‘ga yo‘l oldi. Oxiyoning uyiga yetib ham keldi. Oxiyo qartayganidan ko‘zlari ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan edi. Egamiz Oxiyoga dedi: — Ana, Yeribomning xotini kelyapti, qara, qiyofasini o‘zgartirib olgan, o‘g‘li kasal, unga nima bo‘ladi — shuni sendan so‘ramoqchi. Unga shunday–shunday deb ayt. Yeribomning xotini eshikni ochib, ostona hatlashi bilanoq, Oxiyo uning qadam tovushlarini eshitdi. Shu zahoti Oxiyo ayolga dedi: — Kel, Yeribomning xotini, ichkari kir. Meni birov tanib qolmasin, deb boshqacha kiyinib olibsanmi?! Ammo senga sovuq xabarlarim bor. Izingga qaytib bor, Yeribomga shu gaplarni yetkaz: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: seni xalqing orasidan yuksaltirib, xalqim Isroil ustidan hukmdor qildim. Shohlikni Dovud xonadonidan tortib olib, senga berdim. Biroq sen qulim Dovudga o‘xshagan bo‘lmading. U mening amrlarimga rioya qilib, butun qalbi bilan Menga ergashar, oldimda to‘g‘ri ishlarnigina qilardi. Sen o‘zingdan oldin o‘tganlarning hammasidan ham ko‘p yomon ishlar qilding. O‘zing uchun boshqa xudolarning tasvirlarini yasab, Meni g‘azablantirding. Mendan yuz o‘girding. Ana shu qilmishlaring evaziga xonadoningga balo–ofat keltiraman. Xoh qul bo‘lsin, hoh ozod bo‘lsin, Isroildagi har bir erkak urug‘ingni qirib yuboraman. Xonadoningni, xuddi supurindini qirtishlab uloqtirganday, ildizidan quritib tashlayman. Shaharda vafot etgan oilang a’zosi ko‘ppaklarga yem bo‘lar, qirda vafot etgani ko‘kdagi qushlarga yem bo‘lar. Zotan, bu so‘zlarni Egamiz aytgan.” Endi o‘rningdan tur, uyingga jo‘na. Shaharga qadam qo‘yishing bilanoq, bolang nobud bo‘ladi. Butun Isroil xalqi bolangni dafn qiladi, unga aza tutadi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Yeribom xonadonidan faqat shu bolanigina xush ko‘rdi. Yeribom xonadonidan qabrga kiradigani faqat shu boladir. Shundan keyin Egamiz O‘zi uchun Isroil ustiga bir shoh qo‘yadi. U shoh Yeribom xonadonini o‘sha kuni — o‘sha zahotiyoq qirib bitiradi. Egamiz Isroil xalqini shunday uradiki, Isroil suv ichida o‘sgan qamishga o‘xshab titraydi. Egamiz Isroil xalqini ota–bobosiga bergan bu hosildor yurtdan yulib olib, Furot daryosining narigi tomoniga sochib yuborardi. Chunki bu xalq Asheraga atab ustunlar yasab, Egamizni g‘azablantirdi. Yeribom gunoh qildi, Isroil xalqini ham gunohga botirdi, shuning uchun Egamiz Isroilni tark etadi.” Yeribomning xotini o‘rnidan turib, uyiga jo‘nadi. U Tirzaga yetib kelib, uyining ostonasidan hatlashi bilanoq, bolasi jon berdi. Egamizning o‘z quli Oxiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari bajo bo‘ldi, butun Isroil xalqi bolani dafn qilib, unga aza tutdilar. Yeribomning boshqa ishlari — qanday jang qilgani, qay tarzda hukmronlik qilgani — hammasi “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yeribom yigirma ikki yil shoh bo‘ldi. U ham olamdan o‘tdi. O‘rniga o‘g‘li Nadov shoh bo‘ldi. Sulaymonning o‘g‘li Raxabom esa Yahudoda hukmronlik qildi. U taxtga o‘tirgan paytda qirq bir yoshda edi. Onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabom Quddusda o‘n yetti yil shohlik qildi. Egamiz hamma Isroil qabilalarining shaharlari orasidan Quddus shahrini O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlab olgan edi. Yahudo xalqi ham Egamiz oldida qabihliklar qilib, gunoh ishlari bilan Xudoni ota–bobolaridan ham qattiqroq g‘azablantirdi. Ular har bir tepalik joyda, har bir yashil daraxt ostida o‘zlariga sajdagohlar, butsimon toshlar, Asheraning ustunlarini yasadilar. Bu yurtdagi sajdagohlarda fahshbozlar ham bor edi. Ular shunchalik ko‘p qabih ishlar qildilarki, ularning qilmishlari Kan’on yurtidan Egamiz quvib yuborgan hamma xalqlarning jirkanch ishlariga barobar edi. Raxabom shohligining beshinchi yilida Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi. U Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalarni tortib oldi, qo‘liga nima ilinsa, hammasini oldi. Sulaymon yasattirgan oltin qalqonlarni ham oldi. Shoh Raxabom oltin qalqonlar o‘rniga bronza qalqonlar yasatdi va ularni shoh saroyi darvozasini qo‘riqlaydigan soqchilar boshliqlari qo‘liga berdi. Shoh Egamizning uyiga kirganda, soqchilar qalqonlarni ko‘tarib borishar, keyin esa qalqonlarni joyiga eltib qo‘yishardi. Raxabomning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Raxabom bilan Yeribom butun umri davomida urishib keldilar. Nihoyat, Raxabom ham olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabomning o‘rniga o‘g‘li Abiyo shoh bo‘ldi. Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga o‘n sakkiz yil bo‘lganda, Abiyo Yahudoga shoh bo‘ldi. U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Maxo bo‘lib, u Absalomning qizi edi. Abiyo ham otasining ilgari qilgan gunohlarini davom ettirdi. U o‘zining Egasi Xudoga chin dildan bog‘langan bobosi Dovud singari emas edi. Parvardigor Egamiz Dovudning haqi–hurmati uchun Dovuddan keyin uning o‘g‘lini taxtga o‘tqazdi. Shunday qilib, Quddusni mustahkam qilib, shu shaharda unga so‘nmas bir chiroq berdi. Dovud Egamiz oldida doim to‘g‘ri ish qildi. Umrining oxirigacha, Xet xalqidan bo‘lgan Uriyoga qilgan nomunosib xatti–harakatini hisobga olmaganda, Egamizning amridan zinhor bo‘yin tovlamadi. Raxabom bilan Yeribom o‘rtasida boshlangan urush Abiyoning umri oxirigacha davom etdi. Abiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Abiyo bilan Yeribom o‘rtasida urush muttasil davom etgan edi. Abiyo olamdan o‘tdi. Uni Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qildilar, uning o‘rniga o‘g‘li Oso shoh bo‘ldi. Yeribom Isroilga hukmronlik qilayotganiga yigirma yil bo‘lganda, Oso Yahudo hukmdori bo‘ldi. U Quddusda qirq bir yil shohlik qildi. Buvisining ismi Maxo bo‘lib, u Absalomning qizi edi. Oso, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Sajdagohlardagi fahshbozlarni bu yurtdan quvdi. Ota–bobolari yasagan hamma butlarni yo‘q qildi. Buvisi Maxo Asheraning makruh tasvirini yasatgan edi, shuning uchun buvisini ham malikalik martabasidan mahrum qildi. Oso buvisi yasagan butni yorib, Qidron soyligida yoqib yubordi. Oso sajdagohlarni yo‘q qila olmagan bo‘lsa–da, umr bo‘yi Egamizga chin ko‘ngildan bog‘landi. Otasi nazr etgan narsalarni ham, o‘zi nazr etgan narsalarni — oltin, kumushlarni, idishlarni ham Egamizning uyiga olib keldi. Oso bilan Isroil shohi Basho umrlarining oxirigacha bir–birlari bilan urishib o‘tdilar. Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qildi. Odamlar Yahudo yurtiga osonlikcha kirib chiqa olmasligi uchun, u Rama shahrini mustahkamladi. Oso esa Egamiz uyining xazinasida qolgan hamma oltin va kumushni hamda shoh saroyi xazinalarini oldi. Xazinalarni a’yonlari orqali Oram shohi Banhadad huzuriga jo‘natdi. Xeziyonning nabirasi Banhadad Tavrimmo‘nning o‘g‘li edi. Oso Damashqda o‘tirgan Banhadadga shu gaplarni yetkazishni buyurdi: “Sening otang bilan mening otam o‘rtasida ittifoq bo‘lgani kabi, sen bilan mening o‘rtamda ham ittifoq bo‘lsin. Senga hadya qilib kumush va oltin berib yuboryapman. Isroil shohi Basho bilan ittifoq tuzgan eding, endi o‘shani bekor qil, toki u ro‘paramdan daf bo‘lsin.” Banhadad shoh Osoning taklifini qabul qildi, lashkarboshilariga: “Isroil shaharlariga hujum qilinglar”, deb ularni o‘sha yoqqa yubordi. Ular Iyxon, Dan, Ovil–Bayt–Maxo shaharlarini, butun Naftali yerlari bilan birga Jalila ko‘li atroflarini bosib oldilar. Basho bu voqeani eshitgach, Ramani mustahkamlash fikridan voz kechib, Tirzaga qaytib keldi. Shoh Oso Yahudo xalqining bittasini ham qoldirmay chaqirdi. Ularga Rama shahrini mustahkamlashda Basho ishlatgan tosh va yog‘ochlarni tashittirdi. Oso o‘sha tosh va yog‘ochlar bilan Benyamin yerlaridagi G‘ibo hamda Mispax shaharlarini mustahkamladi. Osoning boshqa ishlari, kahramonliklari, butun faoliyati, mustahkam qilgan shaharlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. U ham keksayib, oyoqlari og‘riydigan bo‘lib qoldi. Nihoyat, Oso olamdan o‘tib, bobosi Dovudning qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Yohushafat shoh bo‘ldi. Oso Yahudoda shohlik qilayotganiga ikki yil bo‘lganda, Nadov Isroil shohi bo‘ldi va ikki yil hukmronlik qildi. Nadov Yeribomning o‘g‘li edi. U ham Egamiz oldida qabihliklar qildi. Isroilni gunohga botirgan otasidan namuna oldi. Issaxor xonadonidan Oxiyo o‘g‘li Basho Nadovga qarshi suiqasd uyushtirib, Filistlarning Gibiton shahrida uni o‘ldirdi. O‘shanda Nadov va butun Isroil lashkari Gibiton shahrini qamal qilib turgan edi. Oso Yahudoda uchinchi yili shohlik qilayotganda, Basho Nadovni o‘ldirdi. Basho Nadovning o‘rniga shoh bo‘ldi. U shoh bo‘lgandan keyin Yeribomning butun oilasini bitta qo‘ymay qirib tashladi. Shunday qilib, Egamizning o‘z quli, Shilo‘lik Oxiyo orqali aytgan so‘zlari bajo bo‘ldi. Yeribomning o‘zi ham gunoh qilib, Isroil xalqini ham gunohga botirib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirgani uchun, shu voqealar yuz berdi. Nadovning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Oso bilan Isroil shohi Basho umrlarining oxirigacha bir–biri bilan urishib o‘tdilar. Yahudo shohi Oso shohlik qilayotganiga uch yil bo‘lganda, Basho Tirzada butun Isroil xalqi ustidan hukmdor bo‘ldi va yigirma to‘rt yil shohlik qildi. U ham Yeribomning yo‘lidan ketib, Egamiz oldida qabihliklar qilib, Isroilni gunohga botirdi. Egamiz Isroil shohi Bashoga Xonin o‘g‘li Yohu orqali shu so‘zlarni ayon qilgan edi: — Seni Men tuproq ostidan chiqarib yuksaltirdim. Seni xalqim Isroilning hukmdori qildim. Sen esa Yeribomning yo‘lidan ketib, xalqim Isroilni gunohga botirding. Gunohlaringiz Meni g‘azablantirdi. Mana ko‘rasan, Nabat o‘g‘li Yeribom xonadoni singari, sening oilangni ham ildizidan quritaman. Sening urug‘ingdan shaharda vafot etgan odam ko‘ppaklarga yem bo‘lar, qirda vafot etgan odam ko‘kdagi qushlarga yem bo‘lar. Bashoning boshqa ishlari, faoliyati, kahramonliklari “Isroil shohlarining tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Basho ham olamdan o‘tib, Tirzada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Elox shoh bo‘ldi. Xonin o‘g‘li Yohu orqali Bashoga va uning xonadoniga Egamiz O‘zining so‘zlarini ayon qilgan edi. Basho Egamiz oldida Yeribom xonadoni kabi qabihliklar qilgani va Yeribomning xonadonini qirib tashlagani uchun, Egamiz undan g‘azablandi. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga yigirma olti yil bo‘lganda, Elox Isroil shohi bo‘ldi. Elox Bashoning o‘g‘li edi. U Tirzada istiqomat qilib, ikki yil hukmdorlik qildi. Lekin jang aravalarining yarmiga qo‘mondon bo‘lgan Zimri unga suiqasd uyushtirdi. Elox Tirzada turgan paytda Tirzadagi bosh vaziri Arzoning uyida ichib mast bo‘lib qoldi. Shunda Zimri ichkariga kirdi–yu, uni o‘ldirdi. So‘ng Zimri shoh bo‘lib oldi. Oso Yahudoda shohlik qilayotganiga yigirma yetti yil bo‘lganda, shu voqea yuz berdi. Zimri shoh bo‘lib taxtga o‘tirgach, Basho xonadonini bitta qo‘ymay qirib tashladi. Bashoning na qarindosh–urug‘idan, na yor–birodarlaridan biror erkak zoti tirik qoldi. Yohu payg‘ambar orqali Egamizning aytgan so‘zlariga ko‘ra, Zimri Basho xonadonini yo‘q qildi. Basho bilan uning o‘g‘li Eloxning gunohlari ko‘p bo‘lib, ular Isroil xalqini gunohga botirgan, o‘zlarining butlari bilan Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirgani uchun, shu hodisalar yuz bergan edi. Eloxning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlar tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga yigirma yetti yil bo‘lganda, Zimri ham Tirzada yetti kun Isroilga shoh bo‘ldi. Lashkarlar shu paytda Gibiton shahrini qamal qilib turgan edi. Bu shahar Filistlarniki edi. “Zimri shohga suiqasd uyushtiribdi, shohni o‘ldiribdi”, degan xabarni lashkarlar Gibitonni qamal qilib turgan yerda eshitishdi. Xalq lashkarboshi Omrini qarorgohda o‘sha kuniyoq Isroil shohi qilib ko‘tardi. Omri Isroil lashkarini boshlab Gibitondan chiqib keldi va Tirzani qamal qildi. Zimri esa shaharning qo‘ldan ketganini ko‘rdi–yu, shoh saroyining ichki qal’asiga kirdi. Keyin orqasidan shoh saroyiga o‘t qo‘yib yuborib, o‘zi ham nobud bo‘ldi. Zimri gunoh qilgani uchun shu hodisalar yuz bergan edi. U Yeribomning yo‘lidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qilgan, ham o‘zi gunoh qilgan, ham Isroil xalqini gunohga boshlagan edi. Zimrining boshqa ishlari, xoinligi “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Endi Isroil xalqi ikkiga bo‘linib qoldi. Xalqning yarmi: “Ginat o‘g‘li Tivnaxni shoh qilamiz”, deb unga ergashdi, yarmi esa Omrining etagini tutdi. Omrining etagini tutgan xalq Tivnaxga ergashgan xalq ustidan g‘olib keldi, Tivnax esa o‘ldi. Omri shoh bo‘lib qoldi. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga o‘ttiz bir yil bo‘lganda, Omri Isroil shohi bo‘ldi. U hammasi bo‘lib o‘n ikki yil hukmdorlik qildi. Olti yili Tirzada o‘tdi. U Shamer ismli odamdan to‘rt pud kumushga tepalikni sotib olib, u yerga shahar qurdirdi. Shaharni tepalikning oldingi egasi Shamerning ismi bilan Samariya deb atadi. Omri ham Egamiz oldida qabihliklar qildi. U shu darajada qabihlik qildiki, avval o‘tgan shohlarning birortasi Omrichalik qabihlik qilmagan edi. Omri ham Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribomning yo‘lidan ketdi. Omri xalqni butparastlikka boshlab, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirdi. Omrining boshqa ishlari, ko‘rsatgan qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Nihoyat, Omri olamdan o‘tib, Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi, o‘rniga o‘g‘li Axab shoh bo‘ldi. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga o‘ttiz sakkiz yil bo‘lganda, Axab Isroil shohi bo‘ldi. Axab Omrining o‘g‘li edi. U Samariyada turib, yigirma ikki yil davomida Isroilni boshqardi. Axab Egamiz oldida shunday qabihliklar qildiki, oldin o‘tgan shohlarning birortasi ham shunchalik qabihlik qilmagan edi. Hatto Nabat o‘g‘li Yeribomning gunohlariga sherik bo‘lgani kamlik qilganday, Sidonliklar shohi Etbaalning qizi Izabelga uylanib, Baalga xizmat qilib, unga sajda eta boshladi. Samariyada Baalga atab qurgan uyda qurbongoh ham barpo qildi. Axab, buning ustiga, Asheraga atab ustun yasadi. U o‘zidan avval o‘tgan hamma Isroil shohlaridan ziyoda gunoh qilib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirdi. Axab shohlik qilgan davrda Baytillik Xiyol Yerixo shahrini qaytadan qurdi. Egamizning Nun o‘g‘li Yoshua orqali qilgan bashorati bajo bo‘ldi. Xiyol to‘ng‘ich o‘g‘li Aburamning joni evaziga shaharning poydevorini yotqizdi. Kichik o‘g‘li Saxuvning joni evaziga esa shahar darvozasini o‘rnatdi. Giladning Tishba shahridan bo‘lgan Ilyos Axabga dedi: — Men xizmat qilayotgan Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shohid! Men aytmagunimcha, shu yillarda na shudring tushadi, na yomg‘ir yog‘adi. Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: — Bu yerdan ket, sharq tomonga bor. Iordan daryosi sharqidagi Xarit jilg‘asi yonida berkinib ol. Sen o‘sha jilg‘aning suvidan ichasan, qarg‘alarga amr berdim: ular seni boqishadi. Ilyos Egamizning amriga binoan, bu yerdan ketdi. Iordan daryosining sharqidagi Xarit jilg‘asiga borib, o‘sha yerda qoldi. Qarg‘alar unga ertalab ham, kechqurun ham non va go‘sht olib kelishar, o‘zi esa daryochaning suvidan ichardi. Butun yurt bo‘ylab yomg‘ir yog‘madi, oradan bir necha kun o‘tgach, daryocha ham qurib qoldi. Keyin Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: — Tur o‘rningdan! Sidondagi Zorafat shahriga borib, o‘sha yerda yasha. Shu shaharda yashaydigan bir beva ayolga amr etdim, u seni boqadi. Ilyos Zorafatga jo‘nadi. Shahar darvozasi oldiga yetib borgach, qarasa, bir ayol o‘tin terib yuribdi. Ilyos ayolni chaqirib, unga dedi: — Iltimos, menga ichgani idishda ozgina suv bersangiz. Ayol suvga ketayotgan edi, uni yana chaqirib aytdi: — Iltimos, menga bir burda non ham ola keling. Ayol dedi: — Egangiz Xudo shohid! Uyimda non uvog‘i ham yo‘q, faqat xumda bir hovuch un va xurmachada ozgina zaytun moyi bor, xolos. Ikki–uchta tarasha o‘tin terib olsam, borib, o‘zim va o‘g‘lim uchun nimadir tayyorlagan bo‘lardim. Bu oxirgi yeguligimiz bo‘ladi. Balki keyin o‘lib ketarmiz. Ilyos ayolga dedi: — Qo‘rqmang, boravering, yegulikni tayyorlayvering. Faqat oldin o‘sha un va moydan kulcha qilib, menga olib kelib bering. O‘zingizga va o‘g‘lingizga esa keyin qilarsiz. Binobarin, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Men yer uzra yomg‘ir yog‘dirmagunga qadar, xumdagi un tamom bo‘lmas, xurmachadagi moy ham tugamas.” Ayol borib, Ilyosning aytganlarini qildi. Shundan keyin Ilyos bilan birga, ayolning oilasi uchun ko‘p kunlarga yetadigan yegulik bo‘ldi. Egamizning Ilyos orqali aytganlariga binoan, xumdagi un ham tamom bo‘lmadi, xurmachadagi moy ham tugamadi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, xonadon sohibasi — ayolning o‘g‘li kasal bo‘lib qoldi. U shunchalik og‘ir dardga yo‘liqdiki, oxiri jon berdi. Ayol Ilyosga dedi: — Mendan nima istaysiz, ey, Xudoning odami? Siz gunohlarimni Xudoga eslatgani va o‘g‘limning o‘limiga sababchi bo‘lgani kelibsiz–da?! Ilyos ayolga: “Menga bering o‘g‘lingizni!” — deb bolani ayolning quchog‘idan oldi, uni o‘zi istiqomat qiladigan boloxonaga olib chiqib, to‘shakka yotqizdi. So‘ngra Egamizga xitob qildi: — Ey, Egam Xudo! Men shu beva ayolning mehmoniman. Nahot, uning o‘g‘lini nobud qilib, boshiga kulfat yog‘dirsang?! Ilyos bolaning ustiga uch marta cho‘zilib, keyin Egamizga yana xitob qildi: — Ey, Egam Xudo! Iltijo qilaman, bu bolaga qaytadan jon ato et! Egamiz Ilyosning iltijosini eshitdi. U bolaga qaytadan jon ato etib, tiriltirdi. Ilyos bolani boloxonadan uyga olib tushdi, uni onasiga berib: “Qarang, o‘g‘lingiz tirik!” — dedi. Ayol esa Ilyosga: — Endi bildim: siz Xudoning odami ekansiz, — dedi. — Egamiz chindan ham siz orqali gapirar ekan. Oradan ancha kunlar o‘tdi. Nihoyat, qurg‘oqchilikning uchinchi yili Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: — Axabning huzuriga bor. Men yer yuziga yomg‘ir yog‘diraman. Ilyos Axabga ko‘ringani ketdi. Bu vaqtda Samariyada dahshatli ocharchilik hukm surardi. Axab saroy boshqaruvchisi Obodiyoni chaqirdi. Obodiyo Egamizdan juda qo‘rqardi. Izabel Egamizning payg‘ambarlarini o‘ldirayotganda, Obodiyo yuzta payg‘ambarni g‘orga olib ketgan va ellikta–ellikta qilib o‘sha yerda yashirgan, ularni non–suv bilan ta’minlab turgandi. Axab Obodiyoga dedi: — Yurtdagi hamma buloqlar va soyliklarga bor, o‘t–o‘lan topib, otlarni, xachirlarni boqaylik, mol–holdan ayrilib qolmaylik tag‘in. Ikkovi aylanib chiqish uchun yurt hududini taqsimlab olishdi. Axab bir yo‘ldan o‘zi alohida ketdi. Obodiyo ham o‘zi alohida boshqa yo‘ldan ketdi. Obodiyo yo‘lda ketayotganda, ro‘parasidan Ilyos chiqib qoldi. Obodiyo Ilyosni tanidi va yetti bukilib ta’zim qilib: — Sizmisiz, to‘ram Ilyos? — deb so‘radi. — Ha, menman, — deb javob berdi Ilyos unga. — Bor, xo‘jayiningga: “Ilyos shu yerda”, deb ayt. — Mening qanday aybim borki, siz men, qulingizni Axabning qo‘liga topshiryapsiz?! — dedi Obodiyo. — Meni o‘ldirish uchunmi?! Egangiz Xudo shohid! Birorta shohlik yoki xalq yo‘qki, xo‘jayinim sizni axtarib topish uchun o‘sha yerlarga biror odamni jo‘natmagan bo‘lsin. O‘sha shohliklar, xalqlardan: “Ilyos bu yerda yo‘q”, deb javob kelgandan keyin ham ularga sizni topa olmaganlari haqida qasam ichdirdi. Endi esa siz: “Bor, xo‘jayiningga, Ilyos shu yerda, deb ayt”, deyapsiz. Yoningizdan ketishim bilanoq, Egamizning Ruhi sizni biror joyga olib ketadi. Qayergaligini esa men bilolmay qolaman. Men Axabning huzuriga borib xabar berdim ham deylik. U esa sizni topa olmay, o‘sha zahoti meni o‘ldiradi. Lekin men, qulingiz, bolaligimdan Egamizdan qo‘rqaman. Izabel Egamizning payg‘ambarlarini o‘ldirayotganda, men Egamizning payg‘ambarlaridan yuztasini ellikta–ellikta qilib g‘orlarda yashirdim, ularga non–suv berib turdim. Nahotki, mana shu qilgan ishlarim haqida to‘ram eshitmagan bo‘lsalar?! Endi esa siz menga: “Bor, xo‘jayiningga, Ilyos shu yerda, deb ayt”, deyapsiz. U meni o‘ldiradi–ku! — Men xizmat qilayotgan Sarvari Olam shohid! Bugun men unga albatta ko‘rinaman, — dedi Ilyos. Shundan keyin Obodiyo Axabning yoniga borib, uni voqeadan xabardor qildi. Axab esa Ilyosni kutib olish uchun ketdi. Axab Ilyosni ko‘rdi–yu: “ Isroilga balo keltiradigan senmisan hali?!” deb do‘q urdi. — Isroilga balo keltiradigan men emas, — deya javob berdi Ilyos. — Aksincha, sen va otangning xonadoni Egamizning amrlaridan yuz o‘girdingizlar, Baalga sajda qilib, Isroilga balo keltirdingizlar. Endi birortasiga buyur: butun Isroil xalqini, Baalning Izabel dasturxonidan taom yeydigan 450ta payg‘ambarini, Asheraning 400ta payg‘ambarini menga Karmil tog‘i yoniga to‘plab bersin. Axab jamiki Isroil xalqini, payg‘ambarlarni Karmil tog‘i yoniga to‘pladi. Ilyos xalqning ro‘parasiga chiqib, ularga tanbeh berdi: — Qachongacha ikki kemaning uchini tutib yurasizlar?! Agar Egamiz Xudo bo‘lsa, Unga ergashinglar. Bordi–yu, Baal Xudo bo‘lsa, unga sajda qilinglar. Xalqdan sado chiqmadi. Ilyos yana xalqqa qarab gapira boshladi: — Egamizning payg‘ambari bo‘lib yolg‘iz men qoldim, Baalning payg‘ambarlari esa 450 kishi. Endi bizga ikkita buqa keltiringlar. Baalning payg‘ambarlari bitta buqani tanlab olib nimtalasin, keyin o‘tinlarning ustiga qo‘yishsin, lekin olov yoqishmasin. Men ham buqaning bittasini tayyorlab o‘tinlarning ustiga qo‘yaman, lekin olov yoqmayman. Baalning payg‘ambarlari iltijo qilib, Baalni chaqirishsin. Men ham iltijo qilib, Egamizni chaqiraman. Kimning Xudosi alanga orqali javob bersa, Xudo O‘shadir. Xalqqa bu gap juda ma’qul keldi. Ilyos Baalning payg‘ambarlariga dedi: — Sizlar ko‘pchiliksiz, bitta buqani tanlab olib, avval sizlar nimtalanglar. Keyin xudoyingizga iltijo qilib, chaqiringlar, lekin olov yoqmanglar. Baalning payg‘ambarlari o‘zlari tanlab olgan buqani nimtalab, tayyorlab qo‘ydilar. Keyin ertalabdan peshingacha: “Ey, Baal, bizga javob ber!” deb o‘zlarining xudosiga iltijo qilib, chaqirdilar. Lekin na biron sado keldi, na birortasi javob berdi. Ular o‘zlari qurgan qurbongohning atrofida sakrayverdilar. Peshin vaqti bo‘ldi. Ilyos endi ularning ustidan kula boshladi: — Balandroq ovoz bilan chaqiringlar. Axir, u xudo, balki xayol surib o‘tirgandir, yo biror narsa bilan mashg‘uldir, yoki yo‘lda kelayotgandir, yoki uxlab yotgan bo‘lsa, uyg‘otish kerakdir. Xullas, ular baland ovoz bilan baqiraverdilar. Keyin, odatlariga ko‘ra, o‘zlariga pichoq va nayza sanchib, qon oqizdilar. Peshin vaqti o‘tib ketdi. Kechki qurbonlik paytiga qadar ular jazavaga tushib baqiraverdilar. Lekin na bir sado bo‘ldi, na birorta alomat, na bir javob bo‘ldi. Ilyos: “Menga yaqinroq kelinglar”, — deb hamma odamlarni chaqirdi. Xalq Ilyosning yoniga keldi. Shu payt Ilyos Egamizning buzilgan qurbongohini qayta tiklay boshladi. Ilyos o‘n ikkita tosh oldi. Bu toshlar Yoqubning o‘g‘illaridan kelib chiqqan qabilalarni anglatardi. Yoqubga Egamiz: “Sening noming Isroil bo‘ladi”, degan so‘zlarni ayon qilgan edi. Ilyos o‘sha toshlarni ishlatib, Egamizga atab qurbongoh qurdi. Qurbongoh atrofida bir tog‘ora bug‘doy sig‘adigan xandaq kavladi. So‘ng o‘tinlarni qalashtirdi, buqani nimtalab, o‘tinlar ustiga qo‘ydi. — To‘la to‘rt ko‘za suv olib kelinglar, — dedi Ilyos odamlarga. — Suvni kuydirishga atalgan qurbonlikning va o‘tinlarning ustidan to‘kinglar. Keyin: “Yana takrorlanglar!” deb buyurdi Ilyos odamlarga. Odamlar yana to‘rt ko‘za suv quydilar. “Uchinchi marta ham takrorlanglar!” — dedi. Uchinchi marta ham to‘rt ko‘za suv quydilar. Endi qurbongohning atrofida suv oqa boshladi, xandaq ham suvga to‘ldi. Kechki qurbonlik payti bo‘lganda, payg‘ambar Ilyos qurbongohga yaqin kelib, xitob qildi: — Ey, Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Xudosi — Egamiz! Bugun sening Isroilda Xudo ekanliging, Men esa Sening quling ekanligim ayon bo‘lsin. Bularning hammasini sening amringga binoan bajo qilganim ayon bo‘lsin. Menga javob ber, ey, Egamiz! Menga javob ber: mana bu xalq Sening Xudo ekaningni, ularning dilini Sen O‘zingga moyil qiluvchi ekaningni bilsin. O‘sha zahoti Egamiz olov yubordi. Olov kuydirishga atalgan qurbonlikni, o‘tinlarni, toshlarni va tuproqni yamlamay yutib yubordi. Xandaqdagi suvni ham olov tortib ketdi. Bu hodisani kuzatib turgan xalq yuz tuban muk tushib: “Egamiz — Xudodir, Egamiz — Xudodir”, — dedi. Shundan so‘ng Ilyos odamlarga: “Baalning payg‘ambarlarini ushlanglar, birortasi ham qochib ketmasin!” deb buyurdi. Odamlar Baalning payg‘ambarlarini ushladilar. Ilyos ularni Xishon soyligiga olib tushib, o‘sha yerda o‘ldirdi. Shu voqeadan keyin Ilyos Axabga: “Bor, endi yeb–ichaver, qattiq yomg‘ir yog‘adi, yomg‘ir yaqinlashayotganini eshityapman”, dedi. Axab tamaddi qilib olish uchun ketdi. Ilyos esa Karmilning tepasiga chiqdi. Yerga engashib, yuzini tizzalari orasiga qo‘ydi. Keyin xizmatkoriga: “Bor, dengiz tomonga qara–chi”, dedi. Xizmatkor ketdi. — Hech narsa yo‘q ekan, — dedi u qaytib kelib. Ilyos xizmatkoriga yetti marta: “Dengizga qara!” deb buyurdi. Xizmatkor yettinchi marta ham borib qaradi. — Ana, dengizdan kichkina bir bulut chiqib kelyapti, kattaligi odamning kafticha keladi, — dedi u, nihoyat. Ilyos xizmatkoriga buyurdi: — Tez borib, Axabga ayt, aravasini qo‘shib jo‘nasin. Tag‘in yomg‘irda qolib ketmasin. Shu payt birdan osmonni qop–qora bulut qopladi, shamol esib, shiddat bilan yomg‘ir boshladi. Axab esa aravasiga o‘tirib, Yizrilga yo‘l oldi. Egamiz Ilyosga alohida kuch–qudrat ato qildi. U to‘nining etagini beliga qistirdi–da, Axabdan ilgari Yizrilga qarab yugurib ketdi. Axab Ilyos qilgan hamma ishlarni, barcha payg‘ambarlarni qanday qilib qilichdan o‘tkazganini Izabelga aytib berdi. Izabel Ilyosga chopar orqali shu xabarni yetkazdi: “Payg‘ambarlarning jonini qanday olgan bo‘lsang, ertaga shu vaqtda men ham sening joningni olmasam, xudolar meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrog‘iga duchor qilsin.” Ilyos bu xabarni eshitdi–yu, o‘rnidan turib, jonini qutqarish umidida Yahudoning Bersheva shahri tomon yo‘l oldi. Xizmatkorini o‘sha shaharda qoldirib, yolg‘iz o‘zi cho‘lda bir kun yo‘l yurdi. Nihoyat, bir yulg‘un daraxti ostiga kelib o‘tirdi. O‘ziga o‘zi o‘lim tilab: — Yetar, ey, Egam! — deb xitob qildi u, — endi jonimni olaqol. Axir, ota–bobolarimdan mening ortiq joyim yo‘q. Ilyos yulg‘un ostida yotib uxlab qoldi. Bir payt farishta uni turtib: “Tur, taom yeb ol”, — dedi. Ilyos turib qarasa, bosh tomonida issiq tosh ustida pishgan non, ko‘zada suv turibdi. U yeb–ichib bo‘lib, yana yotdi. Egamizning farishtasi ikkinchi daf’a qaytib keldi va Ilyosga teginib: “Tur, taom yeb ol, oldingda hali uzoq yo‘l turibdi”, dedi. Ilyos o‘rnidan turib yeb–ichib oldi. Taomning quvvati bilan qirq kechayu qirq kunduz yo‘l yurib Xudoning tog‘i Sinayga yetib keldi. Ilyos Sinay tog‘idagi bir g‘orga kirib, o‘sha yerda tunadi. Bir payt Egamiz undan: “Ey, Ilyos, bu yerlarda nima qilib yuribsan?” deb so‘radi. — Ey, Parvardigori Olam — Egam, Sen uchun ko‘p jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Chunki Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Ey, Egam, Sening payg‘ambarlaringdan yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar. — Chiq, tog‘da Mening ro‘paramda tur, yoningdan o‘taman, — dedi Egamiz unga. Egamiz o‘tganda, qudratli bo‘ron tog‘larni yorib, qoyalarni parcha–parcha qilib tashladi, lekin Egamiz bo‘ron ichida emasdi. Shamoldan so‘ng zilzila bo‘ldi, lekin Egamiz zilzilada ham emasdi. Zilziladan so‘ng esa alanga ko‘tarildi. Biroq Egamiz alanga ichida ham emas ekan. Alangadan keyin esa mayin shabada tovushi eshitildi. Ilyos bu tovushni eshitib, yuzini chakmoni bilan berkitib oldi. Tashqariga chiqib, g‘orning og‘zida turdi. Shunda yana: “Ilyos, bu yerda nima qilib turibsan?” degan sado keldi. — Ey, Parvardigori Olam — Egam, men Sen uchun ko‘p jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Egamning payg‘ambarlaridan yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar. Egamiz unga aytdi: — Sen kelgan yo‘lingdan orqaga qayt. Damashq yaqinidagi sahroga bor. U yerga borganingdan keyin, Xazayilning boshiga moy surt, u Oram yurtining shohi bo‘lsin. Nimshi o‘g‘li Yohuning boshiga ham moy surt, u Isroilning shohi bo‘lsin. Ovil–Maxlalik Shofot o‘g‘li Elishayning boshiga ham moy surt, u sening o‘rningga payg‘ambar bo‘ladi. Xazayilning qilichidan qochib qutulganni Yohu o‘ldiradi, Yohuning qilichidan qochib qutulganni Elishay o‘ldiradi. Men Isroil xalqidan yetti ming odamni qoldiraman, ular Baal oldida tiz cho‘kmagan, birortasi ham Baalni o‘pmagan. Ilyos u yerdan ketib, Shofot o‘g‘li Elishayni topdi. U o‘n ikki juft ho‘kiz bilan yer haydayotganlarning orasida o‘n ikkinchi juft ho‘kizni haydayotgan edi. Ilyos Elishayning yonidan o‘tayotib, chakmonini uning ustiga tashladi. Elishay ho‘kizlarini qoldirib, Ilyosning orqasidan yugurib bordi. — Ijozat ber, borib, ota–onamni o‘pib xayrlashib kelay, keyin orqangdan yetib boraman, — dedi u Ilyosga. Ilyos Elishayga dedi: — Bor, lekin men senga qilganimni o‘ylab ko‘r! Elishay Ilyosning yonidan qaytib borib, bir juft ho‘kizni so‘ydi. Omoch–bo‘yinturuqlarini yoqib, ho‘kizlarning go‘shtini pishirib, odamlarga berdi. Odamlar go‘shtni yeb bo‘lgach, Elishay Ilyosning ortidan jo‘nadi va unga xizmat qila boshladi. Oram shohi Banhadad hamma lashkarini to‘pladi. O‘ttiz ikkita shoh o‘z otlari, jang aravalari bilan unga madad berdi. Banhadad Samariyani qamal qilib, bu shaharga urush boshladi. Banhadad shaharga — Isroil shohi Axab huzuriga choparlar jo‘natib, ular orqali shu xabarni yetkazdi: — Banhadad aytmoqda: “Sening oltin–kumushlaring, eng sara xotinlaring, o‘g‘illaring meniki bo‘ladi.” — Siz aytganday bo‘la qolsin, shoh hazratlari, — deb javob yo‘lladi Isroil shohi, — o‘zim ham, mening hamma narsam ham siznikidir. Banhadadning choparlari yana qaytib kelib, Axabga shu xabarni yetkazdilar: — Banhadad aytmoqda: “Senga, oltiningni, kumushingni, xotinlaringni va bolalaringni menga berasan, deb xabar bergan edim. Ertaga shu paytda qullarimni jo‘nataman: ular saroyingni, a’yonlaringning boshpanasini birma–bir ko‘rib, ko‘zingni quvnatib turgan qimmatbaho hamma narsalaringni olib ketadilar.” Isroil shohi yurt oqsoqollarini chaqirib, ularga aytdi: — O‘ylab bir qaranglar, u odam qanday yomonlikni o‘ylab topadi–ya. U xotinlarimni, o‘g‘illarimni, oltin–kumushlarimni so‘rab chopar jo‘natganda, men rad qilmagandim. Hammalari shohga: — Quloq solmang uning gaplariga, rozi bo‘lmang! — deb maslahat berdilar. Isroil shohi Banhadadning choparlariga shu gapni aytdi: — Shoh hazratlariga shunday deb yetkazinglar: u oldin mendan nima istagan bo‘lsa, hammasini ado etaman, faqat keyingi talabiga rozi emasman. Choparlar Banhadadga Axabning shu gapini olib keldilar. Banhadad Axabga yana choparlarini jo‘natib, quyidagi gapni yetkazdi: — Samariyani yer bilan yakson qilaman, agar Samariyaning kuli orqamda yurgan mana shu odamlarimning har biriga bir hovuchdan yetib ortib qolsa, xudolar meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrog‘iga duchor qilsin. Isroil shohi ham Banhadadning gaplariga munosib javob berdi: — Aytib qo‘ying, shohingiz sovutini kiyishdan oldin emas, yechgandan keyin maqtansin. Banhadad shohlari bilan chodirda kayfu safo qilib o‘tirgan edi. U Axabning gapini eshitishi bilanoq: “Shaharga hujum qilgani tayyorlaning!” deb amr berdi. Uning odamlari shu zahoti shaharni qurshab oldi. O‘sha payt Isroil shohi Axabning oldiga bir payg‘ambar kelib, shu gaplarni aytdi: — Egam shunday demoqda: “Ey, Axab, anavi katta qo‘shinni ko‘ryapsanmi? Bugun o‘shalarni sening qo‘lingga beraman. Ana o‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilasan.” — Kim orqali beradi? — deb so‘radi Axab. — Viloyat hokimlarining pahlavonlari orqali beraman, deb aytmoqda Egam, — gapida davom etdi payg‘ambar. — Jangni kim boshlaydi? — yana so‘radi Axab. — Sen, — dedi payg‘ambar. Axab viloyat hokimlarining pahlavonlarini chaqirdi: ular 232ta ekan. Keyin Isroil lashkarining hammasini chaqirdi, ular yetti ming kishi chiqdi. Peshin vaqtida Isroil lashkari hujum qilib qoldi. Banhadad va shohlar, ya’ni unga yordam berayotgan o‘ttiz ikki shoh chodirlarda ichib mast bo‘lib yotgan ekan. Isroil lashkari tomonidan avval viloyat hokimlarining pahlavonlari chiqdilar. Banhadad choparlar jo‘natgan edi, choparlar: “Samariyadan odamlar chiqib kelyapti”, deb unga xabar yetkazdilar. — Agar sulh tuzish uchun kelayotgan bo‘lsalar, tiriklayin ushlanglar, — deb amr berdi Banhadad. — Bordi–yu, jang qilish uchun otlangan bo‘lsalar ham, tiriklayin ushlanglar. Viloyat hokimlarining pahlavonlari, ularning orqasidan esa lashkar shahardan chiqib kelib, har biri qarshisida turgan Oram lashkarini o‘ldirdi. Bir payt Oram lashkari qochib qoldi, Isroil lashkari esa ularni quvlab ketdilar. Oram shohi Banhadad ot ustida, otliqlar bilan birga qochib qutuldi. Isroil shohi kelib, otlarni, jang aravalarini yakson qilib tashladi. Shunday qilib, Oram lashkari qattiq mag‘lubiyatga uchradilar. Shundan keyin payg‘ambar yana Isroil shohi yoniga kelib dedi: — Bor, yana kuch to‘pla, nima qilishingni ko‘rib–bilib ol. Yanagi bahorda Oram shohi senga xavf soladi. Ayni paytda Oram shohiga ham a’yonlari uqtirdilar: — Ularning xudolari — tog‘lar xudolaridir. Shuning uchun bu safar ularning qo‘li baland keldi. Agar ular bilan tekislikda jang qilsak, albatta biz g‘olib kelamiz. Endi shohimiz shunday qilsinlar: hukmdorlarning hammasini vazifalaridan chetlatsinlar. Ularning o‘rniga lashkarboshilarini tayinlasinlar. Qancha lashkar, ot, jang aravasi yo‘qotgan bo‘lsalar, o‘shancha lashkar, ot, jang aravalari to‘plab, qo‘shin tashkil qilsinlar. Keyin Isroil lashkarlari bilan tekislikda jang qilib, albatta ularni mag‘lub etamiz. Oram shohi a’yonlarining maslahatini inobatga olib, ular aytganday qildi. Yanagi yil bahorda Banhadad Isroil bilan urishish uchun otlandi. U Oram lashkarlarini yig‘ib, Ofoq shahriga olib chiqdi. Isroil lashkari ham yig‘ilib, oziq–ovqat to‘plashdi. So‘ng Oram lashkari bilan jang qilish uchun jo‘nab ketishdi. Isroil lashkari Oram lashkarining ro‘parasida qarorgoh qurdilar. Oram lashkarlari yurtni bosib ketgan, Isroil lashkari esa ularning oldida ikkita kichkina echki galasichalik kelardi, xolos. Payg‘ambar Isroil shohi yoniga kelib, unga shu xabarni bayon qildi: — Egam shunday aytmoqda: “Modomiki Oram lashkari, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz — tog‘lar xudosidir, tekislik xudosi emas, deb aytayotgan ekanlar, Men mana shu katta qo‘shinning hammasini sening qo‘lingga beraman. Shunda Egangiz Men ekanligimni bilasizlar.” Bir–biri bilan dushmanlashgan ikkala tomon yetti kun qarorgohda kutib yotdilar. Nihoyat, yettinchi kuni jang boshlandi. Isroil lashkari bir kunda Oram lashkaridan 100.000 kishini qirib tashladi. Qolganlari Ofoqqa — shahar ichkarisiga qochib kirgan edilar, 27.000tasini devor bosib qoldi. Banhadad ham shaharga qochib borib, bir uyning eng ichkari xonasiga kirib oldi. A’yonlari unga: — Isroil shohlari rahmdil shohlardir, deb eshitgan edik, — dedilar. — Qani, endi egnimizga qanor kiyib, bo‘ynimizga arqon bog‘laylik–da, keyin Isroil shohi huzuriga boraylik. Shoyad u sizning bir qoshiq qoningizdan kechsa. Hamma a’yonlar egnilariga qanor kiyib, bo‘yinlariga arqon bog‘lab, Isroil shohi huzuriga keldilar. — Qulingiz Banhadad: “O‘tinaman, shoh meni o‘ldirmasin”, deb iltijo qilyapti, — dedilar. — U hozir tirikmi? Axir, u mening akam–ku! — dedi Axab. Bu odamlar bir alomat kutayotgan edilar. Uning gapini darrov og‘zidan ilib olib: — Ha, Banhadad — akangiz, — dedilar. — Boringlar, uni olib kelinglar, — deb buyurdi Axab. Banhadad Axabning yoniga keldi. Axab uni aravaga o‘tqazdi. — Mening otam sening otangdan tortib olgan shaharlarni qaytarib beraman, — dedi Banhadad Axabga. — Otam Samariyada bozorlar barpo qilgan edi, sen, xuddi shu singari, Damashqda o‘zing uchun bozorlar barpo qilasan. — Sulh tuzganimizdan keyin men seni ozod qilaman, — dedi Axab ham o‘z navbatida. U Banhadad bilan sulh tuzgach, Banhadadni ozod qildi. Payg‘ambarlar guruhidan bittasi boshqasiga: — Meni ur! — dedi. Payg‘ambar Egamizning amri bo‘yicha ish tutayotgan edi. O‘sha odam payg‘ambarni urishni istamadi. Payg‘ambar unga shunday dedi: — Modomiki, sen Egamizning amriga quloq solmadingmi, endi ko‘rasan, yonimdan ketishing bilanoq, seni sher g‘ajib tashlaydi. U odam payg‘ambarning yonidan ketib, sherga duch kelib qoldi. Sher uni tilka–pora qilib tashladi. Payg‘ambar boshqa bir odamni uchratib qolib, unga ham: — Meni ur! — dedi. U odam payg‘ambarni urib, jarohat yetkazdi. Payg‘ambar nariroq borib ko‘zlarini yopinchiq bilan to‘sib, qiyofasini o‘zgartirdi va yo‘l bo‘yida shohni kuta boshladi. Shoh o‘tib ketayotgan edi, payg‘ambar unga qarab baqirdi: — Ey, shohim, men, qulingiz, jangga borgan edim. Qarangki, orqadan bir odam mening yonimga boshqa odamni boshlab kelib: “Bu asirni mahkam ushla, qochib ketmasin, boshing bilan javob berasan yoki evaziga ikki pud kumush berasan”, dedi. Men, qulingiz, u–bu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib turganimda, asir g‘oyib bo‘ldi. — Sen o‘zingga o‘zing hukm chiqarib qo‘yibsan–ku, — dedi Isroil shohi payg‘ambarga. Payg‘ambar shu zahoti ko‘zidan yopinchiqni oldi. Shoh bildiki, u payg‘ambarlardan biri ekan. Payg‘ambar shohga dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Modomiki Men o‘limga mahkum etgan odamni sen qo‘lingdan chiqarib yuborgan ekansan, uning joni evaziga sen joningdan judo bo‘lasan. Uning xalqi boshiga keladigani sening xalqing boshiga tushadi.” G‘azablangan Isroil shohi xafahol uyiga jo‘nab, Samariyaga yetib keldi. Voqealar ketidan voqealar yuz beraverdi. Yizril shahrida, Samariya shohi Axabning saroyi yonida shu yerlik Navo‘t degan odamning uzumzori bor edi. — Uzumzoringni menga ber, men u yerni poliz qilaman, — dedi Axab Navo‘tga. — Uzumzoring mening uyimga yaqin. O‘sha joyning o‘rniga men senga undan ham yaxshiroq uzumzor beraman. Istasang, bahosini ayt, kumush berayin. — Otalarimdan qolgan merosni sizga beramanmi?! Xudo saqlasin, — javob qaytardi Navo‘t Axabga. Yizrillik Navo‘tning: “Otalarimdan qolgan merosni sizga beramanmi?!” degan gapidan Axab g‘azablandi, xafahol uyiga keldi. Non ham yemay o‘ringa kirib, teskari qarab yotaverdi. Xotini Izabel Axabning yoniga kelib, undan: “Nega ruhingiz tushkun, non ham yemadingiz?” deb so‘radi. Axab bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi: — Yizrillik Navo‘tga: “Uzumzoringni menga sot, kumush beraman, yoki istasang uning o‘rniga senga boshqa uzumzor beray”, desam, u: “Uzumzorimni sizga bermayman”, deb javob qildi. — Siz Isroil shohimisiz o‘zi?! — dedi Izabel Axabga. — Turing o‘rningizdan, non–pon yeb oling. Ko‘nglingizni chog‘ qilavering. Yizrillik Navo‘tning uzumzorini sizga men olib beraman. Izabel Axab nomidan maktublar yozdi, Axabning muhri bilan tasdiqladi. Maktublarni Navo‘t yashayotgan shaharning oqsoqollariga, aslzodalariga yubordi. Maktub quyidagi mazmunda bitilgan edi: “Ro‘za e’lon qilinglar. Hammani to‘plab, Navo‘tni ularning oldiga o‘tqazib qo‘yinglar. Uning ro‘parasiga ikkita yaramas odamni turg‘izib qo‘yinglar. Ular: “Ey, Navo‘t, sen Xudoni va shohni haqorat qilding”, deb guvohlik bersinlar. Keyin uni tashqariga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar.” Navo‘t istiqomat qiladigan shahardagi odamlar, aslzodalar va oqsoqollar hammasini Izabel buyurganiday qildilar. Avval ro‘za e’lon qildilar. Keyin xalqni to‘plab, Navo‘tni xalqning oldiga o‘tqazdilar. Ikkita yaramas odam kelib, Navo‘tning ro‘parasiga o‘tirdi. Ular xalqning oldida: “Navo‘t Xudoni va shohni haqorat qildi”, deb Navo‘tga ayb qo‘yishdi. Shundan so‘ng Navo‘tni shahar tashqarisiga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldirdilar. Oqsoqollar va aslzodalar: “Navo‘t toshbo‘ron qilib o‘ldirildi”, deb Izabelga xabar berdilar. Izabel Navo‘tning toshbo‘ron qilib o‘ldirilganini eshitgan zamon Axabga dedi: — Yizrillik Navo‘t uzumzorini sizga kumushga ham sotmagan edi. Boring endi, uning o‘sha uzumzorini o‘zingizning mulkingizga qo‘shib oling. Navo‘t endi yo‘q. U o‘libdi. Axab Navo‘tning o‘ldirilganini eshitdiyu: “Tezroq borib, Yizrillik Navo‘tning uzumzorini o‘zimga mulk qilib olay”, deb harakatga tushdi. O‘sha payt Tishba shahridan bo‘lgan Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qilgan edi: “Bor, Samariyada o‘tirgan Isroil shohi Axabni kutib olish uchun chiq. U hozir Navo‘tning uzumzorida, o‘sha uzumzorni o‘ziga mulk qilib olmoqchi bo‘lib, u yerga keldi. Axabga shu gaplarni yetkaz: — Egam shunday aytmoqda: Navo‘tni o‘ldirib uning mulkini o‘zingga olmoqchimisan?! Navo‘tning qonini ko‘ppaklar yalagan yerda sening qoningni ham ko‘ppaklar yalaydi.” — Ha, dushmanim, meni bu yerga ham topib keldingmi? — dedi Axab Ilyosga. — Ha, topib keldim, — dedi Ilyos, — sen Egamiz oldida qabihliklarga rosa mukkangdan ketding. Egamizning gapi shunday: “Boshingga balo yog‘diraman, seni ildizingdan quritaman. Isroildagi senga qarashli erkak zotini, hoh qul bo‘lsin, hoh ozod bo‘lsin, qirib tashlayman. Isroilni gunohga botirib, Egamizni g‘azablantirganing uchun sening xonadoningni Nabat o‘g‘li Yeribomning xonadoni ko‘yiga, Oxiyo o‘g‘li Bashoning xonadoni ko‘yiga solaman.” Egamiz Izabel haqida ham aytdi: “Yizril devori ichkarisida Izabel ko‘ppaklarga yem bo‘lar. Axabga qarashli shaharda vafot etgan odam ko‘ppaklarga yem bo‘lar, qirda vafot etgan odami ko‘kdagi qushlarga yem bo‘lar.” Shu paytgacha hech kim Axab singari Egamiz oldida qabihliklarga mukkasidan ketmagan edi. Xotini Izabel esa uni gijgijlab turar edi. Axab, Amor xalqi singari, butlarga ergashib, ko‘p qabihliklar qilgan edi. Amor xalqini esa gunoh ishlari uchun Egamiz u yurtdan haydab, yurtni Isroil xalqiga bergan edi. Axab Ilyosning aytganlarini eshitib, qayg‘udan kiyimlarini yirtdi, egniga qanor ilib oldi, ro‘za tutdi, qanor kiyib uxladi, doimo g‘amgin yurdi. Shundan keyin Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: “Ko‘rdingmi, Axab tavba qilib, Mening oldimda qanday mo‘min bo‘lib qoldi! U Menga itoat qilgani uchun, u barhayot ekan, boshiga balo keltirmayman. O‘g‘li shoh bo‘lgandan so‘ng, uning xonadoniga balo–qazo yog‘diraman.” Oradan uch yil o‘tdi. Shu vaqt oralig‘ida Oram bilan Isroil o‘rtasida urush bo‘lmadi. Uchinchi yili Yahudo shohi Yohushafat Isroil shohi huzuriga keldi. Isroil shohi a’yonlariga dedi: — Giladdagi Ramo‘t bizniki ekanini bilasizlarmi? Lekin biz bu shaharni uzoq vaqtdan buyon Oram shohidan tortib olmay, sukut saqlab kelyapmiz. — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa men bilan borasanmi? — deb so‘radi Axab Yohushafatdan. — Meni go‘yo o‘zing deb bil, xalqimni o‘zingning xalqing deb, otlarimni o‘zingning otlaring deb bil, — dedi Yohushafat unga. Yohushafat Isroil shohiga yana aytdi: — Avval Egamizning xohish–irodasini bil–chi, U nima der ekan. Isroil shohi to‘rt yuzga yaqin payg‘ambarni to‘plab ulardan so‘radi: — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa boraymi yoki bormaymi? — Boraversinlar, Rabbiy u shaharni shoh hazratlarining qo‘liga beradi. — Bu yerda ulardan boshqa Egamizning birorta payg‘ambari qolmadimi? Agar bo‘lsa, undan ham so‘rab ko‘raylik, — dedi Yohushafat. — Yana bir kishi bor, — dedi Axab Yohushafatga, — Yimloning o‘g‘li Mixiyo. U orqali Egamizning xohish–irodasini bilsak bo‘ladi. Lekin men uni yomon ko‘raman, chunki u men haqimda bashorat qilsa, xayrli gap aytmaydi, xunuk gap aytadi. — Ey, shoh, bunday deb aytma, — dedi Yohushafat. Isroil shohi mulozimini chaqirib: — Tez borib, Yimloning o‘g‘li Mixiyoni olib kel, — deb buyurdi. Isroil shohi Axab va Yahudo shohi Yohushafat shohlik liboslarini kiyib, har qaysisi o‘z taxtida Samariya darvozasi yonidagi xirmonda o‘tirar, hamma payg‘ambarlar esa ularning ro‘parasida turib bashorat qilayotgan edi. Xanano o‘g‘li Zidqiyo temir shoxlar yasab, dedi: — Egamiz: “Oram lashkarini qirib bitirmaguningcha, shu shoxlar bilan suzaverasan”, deb aytmoqda. Boshqa payg‘ambarlar ham shohga: — Ramo‘tga boraversinlar, albatta g‘alaba qiladilar, Egamiz o‘sha shaharni shohimizning qo‘llariga beradi, — deb bashorat qildilar. Mulozim Mixiyoni chaqirish uchun ketdi. U Mixiyoning oldiga kelib, unga dedi: — Qara, hozir hamma payg‘ambarlar bir og‘izdan shohga yaxshilikdan bashorat qilyaptilar. Sening bashorating ham ularnikiday bo‘lsin. Sen ham yaxshilikdan karomat qil. — Xudo haqi! Egamiz menga nimani ayon qilsa, shuni aytaman, — dedi Mixiyo. Mixiyo shoh huzuriga keldi. — Ey, Mixiyo, men Ramo‘tni qaytarib olish uchun jang qilmoqchiman. Shuning uchun Giladdagi Ramo‘tga boraymi yoki bormaymi? — deya so‘radi shoh undan. — Boraversinlar, albatta g‘olib keladilar, — dedi Mixiyo. — Egamiz o‘sha shaharni shoh hazratlarining qo‘liga beradi. — Faqat haqiqatni aytishing uchun, Egamiz nomini o‘rtaga qo‘yib senga necha marta ont ichdirayin? — deb shoh undan yana so‘radi. — Isroil xalqini ko‘rib turibman, ular tog‘lar ustida yoyilib yurgan cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshaydi, — dedi Mixiyo. — Egamiz: “Ularning xo‘jayini yo‘q, har biri o‘z uyiga tinch–omon qaytib ketsin”, dedi. — U men haqimda bashorat qilganda xayrli gap aytmaydi, balki xunuk xabar aytadi, deb senga aytmaganmidim?! — deb xafaligini izhor qildi Axab Yohushafatga. — Unday bo‘lsa, Egamizning so‘zlarini eshitsinlar, — dedi Mixiyo Axabga. — Men Egamizni O‘zining taxtida o‘tirgan holatda ko‘rdim. Jamiki samoviy mavjudotlar Uning o‘ng va chap tomonidan joy olgan ekan. Egamiz ulardan so‘radi: “Axab Giladdagi Ramo‘t shahriga borib, o‘sha yerda halok bo‘lsin, deya kim uni o‘ziga og‘dira oladi?” Biri unday dedi, boshqasi bunday dedi. Bir payt ruhlardan bittasi Egamizning ro‘parasida paydo bo‘ldi va: “Uni men ko‘ndiraman”, dedi. “Qanday qilib ko‘ndirasan?” so‘radi Egamiz. “Men chiqib, hamma payg‘ambarlarning og‘zida yolg‘onchi ruhga aylanaman”, dedi u. “Sen uni ko‘ndir, bor, aytganingday qil, sen uddasidan chiqasan”, dedi Egamiz. Mana ko‘rdingizmi, Egamiz hamma payg‘ambarlaringizning og‘ziga yolg‘onchi ruh solib qo‘ygan. U boshingizga falokat keltirishni qaror qilgan. Shu payt Xanano o‘g‘li Zidqiyo Mixiyoning oldiga kelib, uning yuziga bir shapaloq urdi: — Nahotki, Egamizning Ruhi meni tark etib, sen bilan gaplashgani ketgan bo‘lsa?! Ayt–chi, u qaysi yo‘ldan ketdi? — so‘radi Zidqiyo. — Qarab tur, sichqonning ini ming tanga bo‘lib, yashiringani ichkari xonaga yugurganingda ko‘rasan, — dedi Mixiyo Zidqiyoga. — Mixiyoni ushlanglar! — buyurdi Isroil shohi. — Uni shahar hokimi Omonning va shaxzoda Yo‘shning huzuriga olib boringlar. Ularga mening amrimni yetkazinglar. Ular Mixiyoni zindonga tashlashsin. Men sog‘–salomat qaytib kelgunimcha, oz–moz non–suv berib tursin, xolos. — Ey, xaloyiq! Hammangiz eshitib qo‘ying! Agar shoh hazratlari sog‘–salomat qaytib kelsalar, Egamiz men orqali gapirmagan bo‘ladi, — dedi Mixiyo. Isroil shohi Axab bilan Yahudo shohi Yohushafat Giladdagi Ramo‘t shahriga ketishdi. — Men qiyofamni o‘zgartirib, jangga kiraman, sen esa shohlik liboslaringni kiyib ol, — dedi Axab Yohushafatga. Axab qiyofasini o‘zgartirib, jangga kirdi. Oram shohi o‘ttiz ikkita jang aravalari qo‘mondoniga: “Kattasi bilan ham, kichigi bilan ham jang qilib o‘tirmanglar, asosiy hujumni Isroil shohining o‘ziga qaratinglar”, deb amr bergan edi. Jang aravalari qo‘mondonlari Yohushafatni ko‘rgach: “Isroil shohi ana shu!” deb o‘ylab unga hujum boshladilar. Lekin Yohushafat jangga da’vat qilib baqirganda, aravalarning qo‘mondonlari bildilarki, u Isroil shohi emas ekan. Qo‘mondonlar orqaga qaytdilar. Bir odam bexosdan yoyini tortib qo‘yib yuborgan edi, o‘q to‘ppa–to‘g‘ri Isroil shohiga kelib tegdi. Shohning ustidagi sovuti ulangan joydan o‘q kirib ketgan ekan. Shoh og‘ir jarohatlandi. — Otni orqaga bur, men jarohatlandim, lashkarlar orasidan olib chiqib ket! — dedi shoh izvoshchisiga. O‘sha kuni g‘oyatda shiddatli jang bo‘ldi. Shoh esa aravasi ustida suyanib Oram lashkarlarini kuzatib turdi. O‘q tekkan joydan aravaning ichiga qon oqardi. Kechga tomon borib shoh qazo qildi. Kunbotar paytida lashkar orasida: “Har kim o‘z shahriga, o‘z yurtiga ketaversin!” degan ovoza tarqaldi. Shohning jasadini Samariyaga olib kelib, o‘sha yerda dafn qildilar. Aravani esa Samariyadagi hovuzda yuvdilar. Fohishalar ham shu yerda yuvinishardi. Egamizning aytgani bo‘ldi: ko‘ppaklar uning qonini yaladi. Axabning boshqa ishlari, butun faoliyati, fil suyagidan qurgan saroyi, hamma mustahkam qilgan shaharlari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Axab olamdan o‘tdi. Uning o‘rniga o‘g‘li Oxaziyo shoh bo‘ldi. Isroil shohi Axab shohlik qilayotganiga to‘rt yil bo‘lganda, Yohushafat Yahudoga shoh bo‘lgan edi. Yohushafat Osoning o‘g‘li edi. O‘shanda Yohushafat o‘ttiz besh yoshda edi. U Quddusda yigirma besh yil shohlik qildi. Onasi Ozibax Shilxining qizi edi. Yohushafat otasi Osoning yo‘lidan yurdi. Yo‘ldan ozmay, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Lekin sajdagohlarni yo‘q qilib tashlamadi. Xalq hamon o‘sha joylarda qurbonlik qilib, tutatqi tutatardi. Yohushafat Isroil shohi bilan sulh tuzdi. Yohushafatning boshqa ishlari, ko‘rsatgan qahramonliklari, qanday jang qilgani “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Otasi Oso davridan qolgan–qutgan sajdagohlardagi fahshbozlarni Yohushafat yurtdan quvib chiqardi. Bu paytda Edomda shoh yo‘q, shohning noibi yurtni boshqarardi. Yohushafat: “Ofirdan oltin olib kelaman”, deb dengizda savdo kemalari yasadi, lekin Ezyo‘n–Geberga borganda, kemalar parchalanib, Ofirga yeta olmadi. O‘shanda Isroil shohi Oxaziyo Yohushafatga: “Mening odamlarim sening odamlaring bilan birga kemada ketsin”, degan, lekin u rozi bo‘lmagan edi. Yohushafat olamdan o‘tdi. U ham bobosi Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi, uning o‘rniga o‘g‘li Yohuram shoh bo‘ldi. Yohushafat Yahudoda shohlik qilayotganiga o‘n yetti yil bo‘lganda, Oxaziyo Isroilga shoh bo‘ldi. Oxaziyo Axabning o‘g‘li edi. U Samariyada istiqomat qilardi. U ikki yil Isroil shohi bo‘ldi. Oxaziyo Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Ota–onasining yo‘lidan, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribomning yo‘lidan ketdi. Oxaziyo Baalga xizmat qilib, unga topindi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uning qilmishlaridan qattiq g‘azablandi. Binobarin, otasi ham Egamizning qahrini keltirgan edi. Isroil shohi Axabning vafotidan keyin, Mo‘ab yurti Isroilga qarshi isyon ko‘tardi. Isroil shohi Oxaziyo Samariya shahridagi saroyining tomi panjarasidan yiqilib, qattiq shikastlandi. So‘ng choparlariga: “Filistlarning Exron shahridagi xudosi Baal –Zabub yoniga borib, undan so‘ranglar–chi, men sog‘ayarmikanman”, deb ularni jo‘natdi. Shunda Tishba shahridan bo‘lgan payg‘ambar Ilyosga Egamizning farishtasi gapirdi: — Qani, bo‘l, Samariya shohi yuborgan choparlarga peshvoz chiqib, ularga shu gaplarni yetkaz: “Nima uchun sizlar Exron shahrining xudosi Baal–Zabubdan, shoh sog‘ayarmikan, deb so‘rab bilish uchun kelyapsizlar?! Isroilda Xudo yo‘q deb o‘ylayapsizlarmi?! Endi Egam shunday aytmoqda: shohingiz shu qilgani uchun yotgan joyidan turmay, o‘ladi.” Ilyos Egamizning aytganini bajardi. Choparlar Oxaziyoning huzuriga qaytib bordilar. Shoh: — Namuncha tez qaytib keldingizlar? — deb so‘radi. Choparlar Oxaziyoga aytdilar: — Qarshimizdan bir odam bizga peshvoz chiqdi. Sizning huzuringizga qaytishimizni, shu xabarni yetkazishimizni aytdi: “Egamiz shunday demoqda: nimaga sen Exronning xudosi Baal–Zabubdan, sog‘ayarmikanman, deb so‘rab bilish uchun choparlar jo‘natding? Isroilda Xudo yo‘q deb o‘yladingmi?! Shu qilganing uchun yotgan joyingdan turmay, o‘lasan.” Oxaziyo choparlardan: — Sizlarga peshvoz chiqib, shu gaplarni aytgan odamning ko‘rinishi qanaqa? — deb so‘radi. — U odam hayvon terisidan kiyim kiygan ekan, beliga charm kamar bog‘lab olibdi, — deb javob berishdi choparlar shohga. — U Ilyos, — dedi Oxaziyo. Shundan keyin shoh Oxaziyo Ilyosni olib kelish uchun ellikboshini ellikta sipohi bilan jo‘natdi. Ilyos tog‘ tepasida o‘tirgan edi. Ellikboshi Ilyosni topib, unga dedi: — Ey, Xudoning odami! Tezroq pastga tushar ekansiz, shohimiz shunday deb amr qilmoqda. — Agar men Xudoning odami bo‘lsam, — deya javob berdi Ilyos, — osmondan olov tushib, seni va ellikta sipohingni yondirib yuborsin. Shu zahoti osmondan olov tushib, ellikboshini ham, hamma sipohlarini ham yondirib yubordi. Shoh Ilyosning oldiga yana boshqa ellikboshisini ellikta sipohi bilan jo‘natdi. U ellikboshi ham: “Ey, Xudoning odami! Tezroq pastga tushar ekansiz, shohimiz shunday deb amr qilmoqda”, dedi. — Agar men Xudoning odami bo‘lsam, — deb javob berdi Ilyos, — osmondan olov tushib, seni va ellikta sipohingni yondirib yuborsin. Shu zahoti osmondan olov tushib, ellikboshini ham, ellikta sipohini ham yondirib yubordi. Oxaziyo uchinchi marta yana ellikta sipoh bilan boshqa ellikboshini jo‘natdi. Ellikboshi Ilyosning oldiga chiqib, uning qarshisida tiz cho‘kdi va unga iltijo qilib dedi: — Ey, Xudoning odami! Mening jonimga va mana shu ellikta qulingizning joniga rahm qiling. Osmondan olov tushib, mendan oldingi ikkala ellikboshi ham barcha sipohlari bilan yonib ketgandi. Endi mening jonimga rahm qiling. Shunda Ilyosga Egamizning farishtasi zohir bo‘lib: — Shohdan qo‘rqma, ellikboshi bilan birga boraver, — deb aytdi. Ilyos ellikboshi bilan birga shoh huzuriga borib, unga shunday dedi: — Egamiz aytmoqda: “Isroilda Xudo yo‘qday, Exronning xudosi Baal–Zabubdan, sog‘ayarmikanman, deb so‘rab bilish uchun choparlar jo‘natding. Shu qilganing uchun yotgan to‘shagingdan turmay, o‘lasan.” Shunday qilib, Egamizning Ilyos orqali aytganiga muvofiq, shoh Oxaziyo vafot etdi. Shohning o‘g‘li bo‘lmagani uchun uning o‘rniga ukasi Yoram shoh bo‘ldi. Bu voqea yuz berganda, Yahudo shohi Yohuram ikkinchi yil shohlik qilayotgan edi. Yohuram Yohushafatning o‘g‘li edi. Oxaziyoning boshqa ishlari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Egamiz Ilyosni quyun ichida osmonga ko‘tarib ketadigan vaqt keldi. Ilyos bilan Elishay Gilgal shahridan chiqib ketishayotganda, Ilyos Elishayga: — Sen shu yerda qol, Egamiz menga, Baytil shahriga bor, deb amr qilgan, — dedi. — Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizdan hecham ayrilmayman, — dedi Elishay. So‘ngra ular Baytilga jo‘nadilar. Baytilda payg‘ambarlar guruhi Elishayga peshvoz chiqib: — Egamiz bugun hazratingni olib ketadi, buni bilasanmi? — deb so‘radilar. — Bilaman, — dedi Elishay, — lekin menga bu to‘g‘rida gapirmanglar. Keyin Ilyos Elishayga: — Sen shu yerda qol, Egamiz menga, Yerixo shahriga bor, deb amr bergan, — dedi. — Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizdan hecham ayrilmayman, — deya javob qaytardi Elishay. So‘ngra ular Yerixoga kelishdi. Yerixoda payg‘ambarlar guruhi Elishayning oldiga kelib, undan: — Egamiz bugun hazratingni olib ketadi, buni bilasanmi? — deb so‘rashdi. — Bilaman, — dedi Elishay, — lekin menga bu to‘g‘rida gapirmanglar. Keyin Ilyos Elishayga: — Sen shu yerda qol, Egamiz menga, Iordan daryosiga bor, deb amr bergan, — dedi. — Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizdan hecham ayrilmayman, — dedi Elishay. Shunday qilib, ikkovlari jo‘nab ketishdi. Payg‘ambarlardan elliktasi kelib, uzoqroqda ikkovining ro‘parasida to‘xtadilar. Ikkovi esa Iordan daryosi bo‘yida turardilar. Bir payt Ilyos chakmonini oldi–da, burab eshib, suvga urgan edi, suv ikki tomonga surilib, yo‘l ochildi. Ikkovlari quruq joydan o‘tib ketdilar. Ular narigi qirg‘oqqa o‘tib olishgach, Ilyos Elishayga aytdi: — Meni hademay Egamiz olib ketadi. Ayt, shu voqea yuz bermasdan oldin sen uchun nima qilay? Shunda Elishay: — Iltimos, sizning payg‘ambarlik ruhingizdan menga ikki hissa ko‘p meros qolsin, toki sizning izdoshingiz bo‘lay, — dedi. — Qiyin narsani so‘rayapsan, — dedi Ilyos. — Mayli, agar men yoningdan ko‘tarilib ketayotganimni ko‘ra olsang, istaganing bajo bo‘ladi. Agar ko‘ra olmasang, bajo bo‘lmaydi. Ular yo‘lda suhbatlashib ketishayotgan edi, birdan olov otlar qo‘shilgan olov arava paydo bo‘lib, ularning o‘rtasiga yeldek uchib keldi. Ilyos quyun ichida osmonga chiqib ketdi. Shunday qilib, ikkovlari bir–birlaridan ayrildilar. Elishay buni ko‘rib Ilyosga xitob qildi: — Otam! Otam! Siz Isroilning qudratli himoyachisi edingiz! Isroilning jang aravasi va otliq lashkari kabi edingiz–a! Qayoqqa ketib qoldingiz–a! Elishay Ilyosni boshqa ko‘ra olmagani uchun, egnidagi kiyimini ikkiga bo‘lib tashladi. Ilyosning egnidan chakmoni tushib qolgan edi. Elishay o‘sha chakmonni olib orqasiga qaytib, Iordan daryosi qirg‘og‘iga keldi. Elishay Ilyosning chakmonini suvga urib: “Egam Ilyosga qilganiday, men uchun ham mo‘jiza ko‘rsatadimi?” — dedi. Elishay chakmonini yana suvga urgan edi, daryo suvi ikki tomonga surilib yo‘l ochildi. Elishay o‘sha joydan o‘tib ketdi. Yerixolik payg‘ambarlar guruhi olisdan Elishayni ko‘rib: — Elishayda Ilyosning ruhi bor, — deb Elishayga peshvoz chiqdilar. Uni kutib oldilar, yer o‘pib unga ta’zim qildilar. So‘ngra payg‘ambarlar Elishayga: — Biz, qullaringizning ellikta baquvvat odamlarimiz bor, — dedilar. — Ijozat bering, ular borib, hazratingizni izlashsin. Balki Egamizning Ruhi uni biror toqqa yoki vodiyga boshlab ketgandir. — Yo‘q, yubormanglar, — dedi Elishay ularga. Lekin payg‘ambarlar guruhi iltimos qilaverib, oxiri uni ko‘ndirdilar. Elishay: “Mayli, yuboringlar”, dedi. Payg‘ambarlar guruhi ellikta odamni jo‘natdilar. Odamlar uch kun qidirib, Ilyosni topa olmaganlaridan keyin, Elishayning yoniga qaytib keldilar. Elishay bu paytda Yerixoda edi. Elishay ularga: — Sizlarga, bormanglar, deb aytmaganmidim?! — dedi. O‘sha shaharning aholisi Elishayga murojaat qildi: — Hazratimiz ko‘rib turganlariday, shahar yaxshi yerga joylashgan, lekin suvi yaxshi emas, yeri ham hosil bermaydi. Shunda Elishay: — Menga yangi kosaga tuz solib beringlar, — dedi. Ular Elishayning aytganini berdilar. Elishay buloq boshiga chiqib, tuzni suvga tashladi–da, shunday dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Men bu suvni toza qildim, endi bu suv tufayli hecham o‘lim, hosilsizlik bo‘lmaydi.” Elishay aytganidek, suv toza bo‘ldi va hozirgacha tozadir. Shundan keyin Elishay u yerdan Baytilga yo‘l oldi. U yo‘lda ketayotgan edi, shahardan yosh bolalar chiqib: — Jo‘nab qol, yo‘qol, kal! Jo‘nab qol, kal! — deb uni masxara qilishdi. Elishay orqasiga qayrilib, bolalarga qaradi va ularni Egamizning nomi bilan qarg‘adi. Shu payt o‘rmondan ikkita urg‘ochi ayiq chiqib, bolalardan qirq ikkitasini burda–burda qilib tashladi. Elishay bu yerdan Karmil tog‘iga ketdi, u yerdan esa Samariyaga qaytdi. Axab o‘g‘li Yoram Samariyada Isroil taxtiga o‘tirdi va o‘n ikki yil shoh bo‘ldi. Bu paytda Yohushafat Yahudoda shohlik qilayotganiga o‘n sakkiz yil bo‘lgan edi. Yoram Egamiz oldida qabihliklar qilgan bo‘lsa ham, otasi va onasichalik emasdi. Otasi Baalga atab o‘rnatgan toshni u qo‘porib tashladi. Shunday bo‘lsa ham, Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi. Mo‘ab shohi Mesha chorvachilik bilan shug‘ullanardi. U Isroil shohiga har yili 100.000ta qo‘zi va 100.000ta qo‘yining junini o‘lpon qilib to‘lardi. Axab vafot etgandan keyin, Mo‘ab shohi Isroil shohiga qarshi bosh ko‘tardi. Shunda shoh Yoram Samariyadan chiqib, jamiki Isroil lashkarini to‘pladi. So‘ngra Yahudo shohi Yohushafatga shu xabarni yetkazdi: “Mo‘ab shohi menga qarshi qo‘zg‘aldi. Mo‘abga qarshi urishgani men bilan borasizmi?” Yahudo shohi quyidagicha javob jo‘natdi: “Boraman, men sen bilan birgaman, mening xalqim — sening xalqingdir, mening otlarim — sening ham otlaringdir.” “Biz qaysi yo‘ldan borishimiz kerak?” so‘radi Yahudo shohi. “ Edom sahrosidagi yo‘ldan”, javob berdi shoh Yoram. Isroil, Yahudo va Edom shohlari birgalikda yo‘lga chiqdilar. Ular yetti kun yo‘l yurganlaridan keyin, birga borgan lashkar uchun ham, hayvonlar uchun ham suv tugadi. Shunda Isroil shohi: — Evoh, Egamiz bizni — uchala shohni Mo‘ab shohi qo‘liga berish uchun bir joyga to‘plabdi–da, — dedi. — Bu yerda Egamizning payg‘ambari yo‘qmi? Agar bo‘lsa, biz o‘sha payg‘ambar orqali Egamizning xohish–irodasini bilardik, — dedi Yohushafat. Isroil shohining a’yonlaridan bittasi: — Shofot o‘g‘li Elishay shu yerda, u doimo Ilyosning xizmatida bo‘lgan edi, — deb javob berdi. — Egamizning xabarini bizga u ayta oladi, — dedi Yohushafat. So‘ngra Isroil shohi, Yohushafat va Edom shohi Elishayning huzuriga bordilar. Elishay Isroil shohiga aytdi: — Men senga qanday yordam bera olaman?! Bor, o‘zingning ota–onangning payg‘ambarlaridan maslahat so‘ra. Isroil shohi Elishayga: — Yo‘q, Egamiz biz, uchala shohni Mo‘ab shohi qo‘liga berish uchun to‘plagan, — dedi. — O‘zim xizmatida bo‘lgan Sarvari Olam shohid! — dedi Elishay. — Agar men Yahudo shohi Yohushafatni hurmat qilmaganimda, senga hech ham qaramagan, hatto nazar solmagan ham bo‘lardim. Endi menga bir sozanda olib kelinglar! Sozanda musiqa chalgan edi, Egamiz Elishayga O‘z qudratidan berdi. Elishay dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Qurib qolgan bu soylik suvga to‘ladi.” Egamiz aytmoqda: “Na shamolni, na yomg‘irni ko‘rasizlar, lekin bu soylik suvga to‘lib–toshadi. O‘zlaringiz ham, ot–ulovlaringiz ham, chorvangiz ham shu suvdan ichasizlar.” Egamiz qiladigan bu ishlar hali kamdir: U Mo‘ab xalqini sizlarning qo‘lingizga beradi. Sizlar esa Mo‘abning hamma mustahkam shaharlarini, eng chiroyli shaharlarini vayron qilasizlar, hamma mevali daraxtlarini kesib tashlaysizlar, hamma buloqlarini ko‘masizlar, hosildor dalalarining hammasini toshloq qilib ishdan chiqarasizlar.” Keyingi kuni ertalabki qurbonlik paytida, birdan Edom tomondan suv to‘lib–toshib oqa boshladi. Hamma yerni suv bosib ketdi. Mo‘ab xalqi shohlar jang qilish uchun kelayotganini eshitdi–yu, hammalari — qurol osishga yaraydiganlaridan tortib kattalarigacha yig‘ilishib, chegaraga kelishdi. Ular saharda turganlarida, quyosh suv ustida yog‘du sochar, suv Mo‘ab lashkariga uzoqdan qonga o‘xshab qizarib ko‘rinardi. — Bu qon–ku, — deyishdi ular, — shohlar bir–birlari bilan jang qilibdilar, bir–birini qiribdilar. Qani, o‘ljaga, Mo‘ab lashkari! Ammo Mo‘ab lashkari Isroil qarorgohiga borganda, Isroil lashkari ularga birdan tashlanib, hujum qilib qoldilar, Mo‘ab lashkari esa qochib qoldi. Isroil lashkari Mo‘ab yurtiga kirib ham hujumni davom ettirdi. Shaharlarini vayron qildilar, daladagi hamma hosildor yerlarga tosh otaverib, dalani toshga to‘ldirib tashladilar, buloqlarini ko‘mib yubordilar, barcha mevali daraxtlarini kesdilar. Faqat Xir–Xarasot shahridagi tosh devorlar qoldi, xolos. Palaxmonchilar shaharni qurshab olib, tosh irg‘itaverdilar. Mo‘ab shohi jangda mag‘lub bo‘layotganini anglab yetgach, yetti yuzta qilichbozini yoniga oldi. U Edom shohi kuchlarini yorib o‘tmoqchi bo‘ldi, lekin buning uddasidan chiqolmadi. Shundan keyin Mo‘ab shohi taxt vorisi bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘lini olib keldi–da, uni devor ustida kuydirib qurbonlik qildi. Bu voqeadan Isroil lashkari qattiq vahimaga tushdi. Ular Mo‘ab shohidan uzoqlashib, o‘z yurtiga qaytib ketdilar. Ilgari payg‘ambarlar guruhida bir payg‘ambar bo‘lar edi. O‘sha payg‘ambarning bevasi Elishayning oldiga kelib faryod qildi: — Sizga xizmat qilib yurgan mening erim vafot qildi. O‘zingiz bilasiz, u Egamizdan qo‘rqardi. Bir odam oldin qarz bergan edi. Endi u ikkala o‘g‘limni o‘ziga qul qilib olib ketgani keldi. Shunda Elishay: — Ayt–chi, sen uchun men nima qilay? Uyingda nima bor? — dedi. — Bu cho‘ringizning uyida zaytun moyi solingan xumchadan boshqa hech vaqo yo‘q, — dedi ayol. — Bor, hamma qo‘shnilaringdan bo‘sh idishlarini so‘rab ol, — dedi Elishay. — Iloji boricha ko‘proq so‘rab ol. Borganingdan keyin o‘g‘illaring bilan birga uyga kirib, eshikni yopib qo‘y. So‘ng hamma idishga zaytun moyi quy, to‘lgan idishlarni nari surib qo‘yaver. Ayol Elishayning oldidan ketgach, o‘g‘illari bilan birga uyga kirib, eshikni berkitdi. O‘g‘illari idishlarni uzatib turishdi, ayol esa quyaverdi. Hamma idishlar to‘lgandan keyin, ayol o‘g‘liga: — Yana idish uzat, — dedi. — Boshqa idish yo‘q, — dedi o‘g‘li. Shundan so‘ng zaytun moy ham oqmay qoldi. Ayol payg‘ambar huzuriga kelib, bo‘lgan voqeani aytib berdi. — Bor, moyni sotib qarzingni to‘la, — dedi Elishay. — Ortib qolgan moyni ishlatib, o‘g‘illaring bilan kun kechir. Bir kuni Elishay Shunamga keldi. U yerda bir boy ayol: “Menikiga kirib, choy–poy ichib keting”, deb iltimos qilib, ko‘ndirdi. Elishay qachon kelmasin, har doim tamaddi qilgani o‘sha ayolnikiga kirardi. Bir kuni ayol eriga: — Shu yo‘ldan doimo o‘tib yuradigan odam Xudoning muqaddas odami ekanini bilib oldim, — dedi. — Keling, tom ustiga chog‘roqqina boloxona qurib, u yerga ko‘rpa–to‘shak, xontaxta, kursi, moychiroq qo‘yaylik. U biznikiga kelganda, boloxonada tursin. Kunlarning birida Elishay Shunamga kelganda, boloxonaga kirib, yonboshladi. Keyin xizmatkori Gaxaziga: “Shunamlik ayolni chaqir”, deb buyurdi. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi. Ayol kelgach, Elishay xizmatkoriga gapirdi: — Bu ayolga shunday deb ayt: “Sen bizga g‘amxo‘rlik qilyapsan. Buning evaziga sen uchun nima qilaylik? Sening biror ishing yuzasidan shoh bilan yoki lashkarboshi bilan gaplashish kerak emasmi?” — Yo‘q, — dedi ayol, — men xalqim orasida yashasam, bas. Elishay Gaxazidan: — Unday bo‘lsa, bu ayol uchun nima qilishim kerak? — deb so‘radi. — Uning o‘g‘li yo‘q ekan, eri esa keksayib qolibdi, — dedi Gaxazi. — Chaqir uni! — buyurdi Elishay. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi, ayol eshik oldida hozir bo‘ldi. — Kelgusi yili xuddi shu paytda qo‘lingda o‘g‘lingni ko‘tarib yurgan bo‘lasan, — deb aytdi Elishay ayolga. — Yo‘q, hazratim, ey, Xudoning odami, bu cho‘ringizni behudaga umidvor qilmang, — dedi ayol. Lekin Elishay aytganiday, ayol homilador bo‘lib, kelgusi yil o‘sha vaqtda o‘g‘il tug‘di. Bola ulg‘ayaverdi. Bir kuni bola o‘roqchilar orasida ishlayotgan otasi yoniga borib: “Voy boshim! Boshim og‘rib ketdi!” dedi otasiga. Otasi esa xizmatkoriga: “Onasiga olib bor”, deb buyurdi. Xizmatkor bolani ko‘tarib, onasiga olib bordi. Bola tushgacha onasining tizzasida o‘tirdi–yu, so‘ngra vafot etdi. Ona bolasini ko‘tarib borib, payg‘ambar yotadigan to‘shakka yotqizdi–da, eshikni berkitib, tashqariga chiqdi. So‘ng erini chaqirib kelib, unga aytdi: — Mening yonimga xizmatkorlaringizdan bittasini eshagi bilan birga yuboring. Men payg‘ambar huzuriga borib, tezda qaytib kelaman. — Nimaga uning oldiga bugun borishing kerak?! — dedi eri. — Bugun yangi oy shodiyonasi kuni emas, Shabbat kuni ham emas. — Hechqisi yo‘q, — dedi ayol. Shundan keyin ayol eshakni egarlab, xizmatkorga: — Eshakni hayda, — dedi, — men senga gapirmagunimcha sekinlama. Ayol jo‘nab ketdi. U payg‘ambar yoniga — Karmil tog‘iga yetib bordi. Payg‘ambar uni uzoqdan ko‘rib, xizmatkori Gaxaziga: — Bu o‘sha Shunamlik ayol–ku! — dedi. — Yugur, uni kutib ol, “O‘zing yaxshimisan? Ering sog‘–salomatmi? Bolang yaxshimi?” deb undan so‘ra. — Hammasi yaxshi, — dedi ayol. Ayol toqqa, payg‘ambar yoniga yetib kelgach, uning oyoqlariga yopishib oldi. Gaxazi, ayolni chetroqqa olib qo‘yay, deb yaqin kelgan edi, Elishay Gaxaziga aytdi: — Uni tinch qo‘y, uning dili ozor chekkan. Egamiz esa buni mendan yashirdi, menga ma’lum qilmadi. — Men hazratimdan o‘g‘il so‘raganmidim?! — dedi ayol. — “Meni behudaga umidvor qilmang”, deb aytmaganmidim?! Elishay Gaxaziga aytdi: — Qani bo‘l, mening tayog‘imni qo‘lingga olib yugur. Birortasini uchratib qolsang, u bilan salomlashma, kim senga salom bersa, salomiga alik olma. Borganingdan keyin tayog‘imni bolaning yuziga qo‘y. — Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizsiz ketmayman, — dedi bolaning onasi Elishayga. U o‘rnidan turib, ayolni ergashtirib ketdi. Gaxazi oldin yetib borib, tayoqni bolaning yuziga qo‘ydi. Na bir sado, na bir javob bo‘lmagandan keyin Elishayga peshvoz chiqib: “Bola uyg‘onmayapti”, dedi. Elishay ichkariga kirdi. Qarasa, o‘lgan bola Elishayning to‘shagida yotgan ekan. Elishay xonaga kirgach, eshikni berkitdi–da, Egamizga yolvorib ibodat qildi. So‘ng bolaning ustiga cho‘zilib yotdi. U og‘zini bolaning og‘ziga, ko‘zlarini ko‘zlariga, kaftini kaftiga qo‘ydi, bolaning ustida cho‘zilib yotganda, bolaning tanasi isidi. So‘ngra u o‘rnidan turib boloxonaning u yog‘idan bu yog‘iga yurdi. Keyin yana qaytib kelib, bolaning ustiga cho‘zildi. Bola yetti marta aksirib, ko‘zlarini ochdi. Elishay Gaxaziga: “Ayolni chaqir!” — dedi. Gaxazi ayolni chaqirib keldi. Ayol Elishayning oldiga yaqinlashdi. Elishay unga: “Ol o‘g‘lingni!” — dedi. Ayol ichkari kirib, Elishayning oyoqlariga yiqildi, boshi yerga tekkuday bo‘lib ta’zim qildi. O‘g‘lini olib, chiqib ketdi. Elishay Gilgalga qaytib keldi. Bu yerda ocharchilik hukm surayotgan edi. Payg‘ambarlar guruhi Elishayning oldiga yig‘ilishgan edi. Shunda Elishay xizmatkoriga: — Katta qozon o‘rnatib, payg‘ambarlar guruhi uchun biror taom pishir! — dedi. Bittasi dalaga ko‘kat tergani chiqdi. U yerda chirmashib o‘sadigan yovvoyi qovoqlarni topib, etagini to‘ldirib qovoqlardan terdi. U qovoqlarni olib kelib to‘g‘radi va taom qaynayotgan qozonga tashladi. O‘sha odam qovoqning qanaqaligini bilmas edi. Hammalariga taomdan quyib berildi. Ular taomni tatib ko‘rishlari bilanoq: “Ey, payg‘ambar hazratlari! Qozondagi taom zahar bo‘lib ketibdi–ku!” deb shovqin ko‘tardilar. Taomdan hech kim tanovul qila olmadi. Shunda Elishay: — Menga un beringlar! — dedi. Unni qozonga solgach, xizmatkorga: — Endi odamlarga quyib beraver, yeyaverishsin, — dedi. Qozondagi taom bezarar bo‘lib qolgan edi. Baal –Sholisho shahridan bir kishi arpasining birinchi hosilidan qilingan yigirmata kulcha va bir qop yangi uzilgan boshoqni payg‘ambarga olib keldi. Elishay xizmatkoriga: — Odamlarga ber, tanovul qilishsin, — deb buyurdi. Qanday qilib shuginani yuzta odamga beraman?! — dedi xizmatkor. — Odamlarga bo‘lib ber, tanovul qilishsin, — dedi Elishay, — chunki Egamiz shunday demoqda: “Hamma to‘yadi, hatto ortib ham qoladi.” Xizmatkor odamlarga kulchalarni va boshoqni bo‘lib berdi. Egamiz aytganiday, odamlar yeb to‘ydi, yana ortib ham qoldi. Oram shohining No‘mon degan lashkarboshisi bor edi. Xo‘jayini uni juda ulug‘lar va hurmat qilar edi, chunki Egamiz No‘mon orqali Oramga g‘alaba ato qilardi. No‘mon juda dovyurak jangchi edi–yu, lekin teri kasalligiga chalingan edi. Oram lashkarlari Isroil yurtiga bostirib borganlarida, kichkina qizchani asir qilib olib ketgan edilar. Qizcha No‘monning xotiniga cho‘rilik qilardi. Qizcha bir kuni bekasiga aytib qoldi: — Agar to‘ram Samariyadagi payg‘ambar huzuriga borganlarida edi, o‘sha payg‘ambar to‘ramga shifo bergan bo‘lardi. Shunday qilib, No‘mon o‘z hukmdori huzuriga bordi. Shohga Isroil yurtidan keltirilgan qizchaning aytganlarini gapirib berdi. Oram shohi No‘monga: — Yo‘lga otlanaver, men Isroil shohiga maktub yozib beraman, — dedi. No‘mon yigirma bir pud kumush, to‘rt pud oltin, o‘n sidra qimmatbaho kiyim–bosh olib, yo‘lga chiqdi. No‘mon maktubni Isroil shohiga keltirib berdi. Maktub shu mazmunda bitilgan edi: “Ushbu maktub yetib borganda, bilingizki, xizmatkorim No‘monni sizning huzuringizga yuborgan bo‘laman, uni teri kasalligidan siz forig‘ qilishingiz mumkin.” Isroil shohi maktubni o‘qib, vahimaga tushib, kiyimlarini yirtdi: — Oram shohi meni hayot baxsh etadigan va jon oladigan Xudo deb o‘ylayaptimi?! Shifo berishim uchun u mening huzurimga odamini jo‘natibdi–ya! Mana, bilib qo‘yinglar, Oram shohi men bilan urush chiqarish uchun bahona izlayapti. Isroil shohi vahimaga tushib liboslarini yirtganini payg‘ambar Elishay eshitgach, shohga xabarchi orqali shu gapni yetkazdi: “Nega vahimaga tushib liboslaringizni yirtdingiz? O‘sha odam mening oldimga kelsin, Isroilda payg‘ambar borligini bilib qo‘ysin.” No‘mon otlariyu jang aravalarini Elishayning uyi eshigi oldiga olib kelib to‘xtatdi. Elishay No‘monning oldiga xizmatkorini chiqarib, u orqali No‘monga shu gapni yetkazdi: “Bor, Iordan daryosida yetti marta yuvin, shunda tanang yangilanib, pok bo‘ladi.” No‘mon esa darg‘azab bo‘ldi: “Men o‘ylagan edimki, payg‘ambar albatta mening oldimga chiqadi, o‘zining Egasi Xudoni chaqirib iltijo qiladi. Qo‘llari bilan kasal joyimni silab, meni bu kasallikdan forig‘ qiladi. Damashqdagi Abano va Parfar daryolari Isroilning hamma daryolaridan afzal emasmi?! Men o‘sha daryolarda yuvinib, poklanib olaverardim–ku!” No‘mon jahl bilan burilib ketdi. Shunda xizmatkorlari kelib: — Janobi oliylari, agar payg‘ambar sizga qiyin narsani aytganda, qilmasmidingiz? — deb gapirishdi, — u sizga: “Yuvingin, pok bo‘lib qolasan”, dedi xolos–ku. Oxiri, No‘mon payg‘ambarning aytganini qilib, Iordan suvida yetti marta sho‘ng‘idi. Shunda tanasi xuddi yosh bolaning tanasi kabi yangilanib, pok bo‘ldi. No‘mon va uning barcha hamrohlari payg‘ambar huzuriga qaytib keldilar. No‘mon Elishayning huzuriga kelgach, aytdi: — Butun yer yuzida Isroilning Xudosidan boshqa xudo yo‘qligini bildim. Marhamat, endi men, qulingizning hadyalarini qabul qiling. Men xizmat qilayotgan Xudo shohid! Hadyangni olmayman! — dedi Elishay. No‘mon Elishayni qancha majbur qilsa ham, Elishay rad etdi. Shunda No‘mon aytdi: — Unday bo‘lsa, men, qulingizga ikkita xachir ko‘tara oladigan tuproq olib ketishga ijozat bering. Men, qulingiz, bundan buyon Egamizdan boshqa xudolarga har xil qurbonliklaru kuydiriladigan qurbonliklar qilmayman. Egamiz men, qulingizni faqat bitta narsada kechirsin: xo‘jayinim xudo Rimmon uyiga borib sajda qilish uchun qo‘limga suyanganda, men ham Rimmon uyida u bilan birga ta’zim qilaman. O‘sha yerda ta’zim qilganimda, shu narsa uchun Egamiz meni kechirsin. — Eson–omon bor, — dedi unga Elishay. No‘mon Elishay huzuridan chiqib, hali uncha uzoq yo‘l yurmagan ham ediki, payg‘ambar Elishayning xizmatkori Gaxazi o‘ziga o‘zi aytdi: “Hazratim anavi Oram xalqidan No‘mon keltirgan hadyalarni qabul qilmasdan, unga ijozat berdi. Xudo haqi! Ortidan yugurib borib, undan biror narsa undiray.” Gaxazi No‘monning orqasidan ketdi. No‘mon ortidan kelayotgan Gaxazini ko‘rib, uni qarshi olgani aravadan tushdi. — Tinchlikmi? — so‘radi No‘mon. — Tinchlik, — dedi xizmatkor, — xo‘jayinim mendan aytib yubordi, uning huzuriga Efrayim qirlaridagi payg‘ambarlar guruhidan ikkitasi kelibdi, ularga ikki pud kumush va ikki sidra kiyim–bosh berarkansiz. — Balki to‘rt pud olarsan, — dedi No‘mon va Gaxazini to‘rt pud olishga ko‘ndirdi. No‘mon ikkita qopdagi to‘rt pud kumushni va ikki sidra kiyim–boshni bog‘lab, o‘zining ikkita xizmatkoriga berdi. Xizmatkorlar bu narsalarni ko‘tarib, Gaxazining oldiga tushib jo‘nadilar. Tepalikka kelganlarida, Gaxazi narsalarni xizmatkorlarning qo‘lidan oldi va uyiga olib borib yashirdi. So‘ngra No‘monning ikkala xizmatkoriga ijozat berdi. Gaxazi qaytib kelgach, xo‘jayinining huzuriga kirdi. — Qayerda eding, Gaxazi? — so‘radi Elishay undan. — Men, qulingiz hech qayerga bormadim, — javob berdi u. Elishay esa Gaxaziga: — O‘sha odam aravasidan tushib senga peshvoz chiqqanda, mening ruhim sen bilan birga emasmidi?! — dedi. — Hozir kumushu liboslar yoki zaytunzorlar, uzumzorlar, qo‘y, sigirlar, qul va cho‘rilar oladigan paytmi?! Shu qilganing uchun No‘monning teri kasalligi senga va sening naslingga abadiy yopishib qolsin. O‘sha zahoti Gaxaziga yara toshib, teri qorday oppoq bo‘lib qoldi. U Elishayning huzuridan chiqib ketdi. Bir kuni payg‘ambarlar guruhi Elishayga: — Qarang, siz bilan biz yig‘iladigan mana shu joyimiz tor, — dedilar. — Ijozat bering, Iordan daryosi bo‘yiga boraylik, har birimiz u yerda yog‘och kesib, o‘sha yerda o‘zimizga boshpana quraylik. — Mayli boringlar, — dedi Elishay. — Ulardan bittasi: — Marhamat qilib, siz ham biz, qullaringiz, bilan birga boring, — dedi. — Xo‘p, boraman, — dedi Elishay. Elishay ular bilan birga ketdi. Hammalari Iordan daryosi bo‘yiga yetib kelib, daraxt kesa boshladilar. Bittasi daraxt kesayotib, boltasini suvga tushirib yubordi. U: “O, hazratim! Boltani omonatga olgan edim!” — deb baqirdi. — Bolta qaysi joyga tushdi? — so‘radi payg‘ambar. O‘sha odam Elishayga bolta tushgan joyni ko‘rsatdi. Elishay daraxtdan bitta shox kesib olib, suvga tashlagan edi, bolta suv yuziga chiqdi. — Ol uni, — dedi Elishay. O‘sha odam qo‘lini uzatib, boltani oldi. Oram shohi Isroilga lashkar tortdi va “Falon joyga lashkarimni joylashtiraman”, deb lashkarboshilari bilan maslahatlashib oldi. Payg‘ambar Isroil shohiga: “O‘sha joydan o‘tmang, chunki u yerga Oram lashkari pistirma qo‘ygan” degan xabar yubordi. Isroil shohi payg‘ambar aytgan joyga xabarchi yubordi. O‘sha yerda yashaydigan odamlar bu xavfning chorasini ko‘rdilar. Bunday voqea bir–ikki marta emas, ko‘p marta yuz berdi. Bu hodisadan Oram shohi qattiq bezovtalandi. U lashkarboshilarini chaqirib: — Menga aytinglar–chi, qaysi biringiz Isroil shohi bilan aloqadasiz? — dedi ularga. — Hech qaysimiz, shoh janoblari! — dedi lashkarboshilardan biri. — Bu Isroildagi payg‘ambar Elishayning ishi, u hatto yotoqxonangizda aytgan gapingizni ham Isroil shohiga ayon qilib turadi. — Boringlar, uning qayerdaligini bilib kelinglar! — deb buyurdi Oram shohi. — Men birortasini yuboraman–da, uni qo‘lga tushiraman. Shundan keyin: “Elishay Do‘tanda ”, deb shohga xabar yetkazdilar. Oram shohi o‘sha yerga otliqlar, jang aravalari va katta kuch jo‘natdi. Ular tunda kelib, shaharni o‘rab oldilar. Tongda payg‘ambarning xizmatkori o‘rnidan turib, tashqari chiqdi. Qarasa, shahar atrofida otliq lashkarlar, jang aravalari turibdi. Shunda xizmatkor: — Evoh! Hazratim, endi nima qilamiz? — deb so‘radi. — Qo‘rqma, — dedi Elishay, — chunki bizning himoyachilarimiz ularnikidan juda ko‘p. Keyin Elishay iltijo qildi: — Ey, Egam! Xizmatkorimning ko‘zini och, u ko‘rsin! Egamiz xizmatkorning ko‘zini ochib yubordi. Elishayning atrofidagi qirlar olovli otlar va jang aravalariga to‘lib ketganini xizmatkor ko‘rdi. Oram lashkari Elishayga hujum qilgan edi, Elishay Egamizga: “Ularni ko‘r qilib qo‘y!” deb iltijo qildi. Egamiz Elishayning iltijosini eshitdi–da, Oram lashkarini ko‘r qilib qo‘ydi. Keyin, Elishay Oram lashkariga dedi: — Sizlar adashib qolibsizlar, sizlar izlayotgan shahar bu emas. Ortimdan yuringlar, men izlayotgan odamingiz oldiga sizlarni olib boraman. Shunday qilib, Elishay Oram lashkarini Samariyaga boshlab keldi. Ular Samariyaga yetib kelganlaridan keyin Elishay: — Ey, Egamiz! Ularning ko‘zlarini och, toki ular ko‘rsin, — deb iltijo qilgan edi, Egamiz Oram lashkarining ko‘zini ochdi. Ular qarasalar, Samariyaning o‘rtasida turibdilar. Isroil shohi Oram lashkarini ko‘rgach: — Ularni qirib tashlaymi, ota? — deb so‘radi. — Yo‘q, o‘ldirma! — dedi Elishay. — Nega o‘ldirar ekansan?! Sen ularni jang qilib asir olganingda ham o‘ldirmasding. Ularga non, suv ber, yeb–ichib, o‘zlarining hukmdori yoniga qaytib ketishsin. Shoh asirlarga katta ziyofat tayyorladi. Asirlar yeb–ichib bo‘lishgach, Isroil shohi ularni yo‘llariga qaytarib yubordi. Oram lashkarlari o‘zlarining hukmdori yoniga ketishdi. Bu bosqinchilar qaytib Isroil yerlariga qadam bosmadilar. Oradan ancha vaqt o‘tgach, Oram shohi Banhadad hamma lashkarlarini yig‘ib Samariyani qamal qildi. Oram lashkarlari Samariyani qamal qilib turar ekanlar, u yerda og‘ir qahatchilik yuz berdi. Natijada eshakning kallasi sakson kumush tangaga, ikki kosa kaptar axlati besh kumush tangaga sotildi. Bir kuni Isroil shohi shahar devori ustida ketayotgan edi, bir ayol: “Shoh hazratlari! Yordam bering”, deb faryod qildi. — Senga Egamiz yordam bermasa, men qanday yordam bera olaman?! — dedi shoh. — Men bug‘doy yoki sharob bera olarmidim?! Darding nima? — Mana bu ayol: “O‘g‘lingni ber, uni bugun yeylik, mening o‘g‘limni ertaga yeymiz”, deb aytgan edi. Mening o‘g‘limni pishirib yedik. Ertasiga men unga: “O‘g‘lingni ber, uni yeylik”, degan edim, u o‘g‘lini yashirib qo‘yibdi, — dedi u. Shoh ayolning so‘zlarini eshitgach, qayg‘udan liboslarini yirtdi. Xalq devor ustida ketayotgan shohning libosi ichidagi qanorni ko‘rib qoldi. So‘ngra shoh dedi: — Agar shu bugun Elishayning boshi olinmasa, Xudo meni ne ko‘yga solsa solsin, hatto bundan battarrog‘ini qilsin. Shoh xabarchi jo‘natganda, Elishay o‘z uyida oqsoqollar bilan birga o‘tirgan edi. Shoh yuborgan xabarchi Elishaynikiga kelmasdan oldin, Elishay oqsoqollarga aytdi: — Ko‘ryapsizlarmi qotilni?! Mening boshimni olmoq uchun qotil odamini jo‘natdi! Qarab turinglar, xabarchi kelganda, eshikni yopinglar, uni ichkariga kiritmanglar. Ana, uning orqasidan xo‘jayinining oyoq tovushlari kelyapti! Elishay oqsoqollar bilan suhbatlashib o‘tirganda, xabarchi uning oldiga kelib, shohning quyidagi so‘zlarini yetkazdi: “Shuncha kulfat Egamizdan keldi! Nima uchun men endi Unga umid bog‘lashim kerak?!” Elishay aytdi: — Egamizning so‘zini eshitinglar: U shunday demoqda: “Ertaga xuddi shu paytda Samariya darvozasi oldida yarim tog‘ora yaxshi un bir kumush tangadan, bir tog‘ora arpa ham bir kumush tangadan sotiladi.” Shohning eng yaqin amaldori shu yerda edi. U Elishayga: — Hatto Egamiz osmonning qopqasini ochib, yomg‘ir yog‘dirganda ham shunday bo‘lmas–ov, — dedi. Shunda Elishay: — Sen ko‘zing bilan ko‘rasan, lekin senga nasib qilmaydi, — dedi. Shu vaqtda shahar darvozasi tashqarisida teri kasalligiga chalingan to‘rtta odam o‘tirib: “O‘limimizni kutib, shu yerda o‘tiraveramizmi?!” deb bir–biriga gapirdi. “Agar shaharga kiradigan bo‘lsak, u yerda ocharchilik bo‘lyapti, biz ham o‘sha yerda o‘lib ketamiz. Shu yerda o‘tiraversak ham o‘lamiz. Yaxshisi, Oram lashkarining qarorgohiga boraylik. Agar bizni tirik qoldirishsa, yashaymiz, o‘ldirishsa, o‘lamiz.” Ular oqshom payti Oram lashkarining qarorgohiga bormoqchi bo‘lishib, otlanishdi. Oram lashkarining qarorgohi chekkasiga kelib qarasalar, u yerda birorta ham odam yo‘q ekan. Rabbiy Oram lashkariga jang aravalarining taqir–tuqurini, otlarning kishnashini, ko‘p lashkarning shovqin–suronini eshittirgan edi. Ular bir–birlariga: “ Isroil shohi bizga qarshi hujum qilgani Xet xalqini va Misrning shohlarini yollaganga o‘xshaydi”, dedilar. Ular oqshom payti jonlarini qutqarish uchun chodirlarini, otlarini, eshaklarini, butun qarorgohni shundayicha tashlab qochib qolgan edilar. O‘sha kasal odamlar qarorgohga kelib, bir chodirga kirdilar. Chodirda yeb–ichib, u yerdan kumush, oltin, kiyim–kechaklarni olib ketib, yashirib qo‘ydilar. Keyin qaytib kelib boshqa chodirga kirdilar, u yerdan ham topganlarini olib borib yashirdilar. So‘ngra ular bir–birlariga aytdilar: — Biz to‘g‘ri ish qilmayapmiz. Bu kun — xushxabarlar yuz bergan kundir. Agar biz sustkashlik qilib, tong otishini kutsak, jazoga tortilishimiz aniq. Ketdik, shoh saroyiga borib xabar beraylik. Kasal odamlar borib, shahar darvozabonlarini chaqirdilar–da, ularga shunday dedilar: — Biz Oram lashkarining qarorgohiga borgan edik. U yerda na biror tirik jon bor, na biror inson tovushi eshitiladi. Faqat bog‘lovliq otlar, eshaklar turgan ekan. Chodirlarni, qanday turgan bo‘lsa, shundayligicha tashlab ketibdilar. Darvozabonlar jar solib bu xushxabarni shoh saroyiga yetkazdilar. Shoh tunda o‘rnidan turib, lashkarboshilariga shunday dedi: — Oram lashkari qanday reja tuzayotganlarini sizlarga aytib qo‘yay. Biz qahatchilikni boshdan kechirayotganimizni ular biladilar. Shahardan chiqqanimizdan keyin, bizni tiriklayin qo‘lga olib, shaharga yorib kirishni rejalashtirganlar. Shuning uchun dalada pistirma qo‘yish uchun qarorgohdan chiqib ketganlar. Shohning a’yonlaridan biri: — Bir nechta odam shaharda qolgan beshta otni olib ahvolni bilib kelsin, — deb aytdi. — Bu yerdagilardan kim borsa ham, biz, tirik qolganlar va shaharda halok bo‘lganlar kabi, o‘limga mahkum. Ular ikkita otliq odamni tayyorladilar. Shoh o‘sha odamlarni Oram lashkari izidan jo‘natar ekan: “Borib nima bo‘lganini bilib kelinglar”, dedi. Otliqlar Oram lashkarining izidan Iordan daryosigacha borishdi. Yo‘l bo‘yi kiyim–kechak, buyumlar sochilib ketgan edi. Bu narsalarni Oram lashkari shoshib–pishib qochayotganlarida tashlab ketgan edilar. Yuborilgan odamlar qaytib kelib, shohga xabar berdilar. Xalq Oram lashkarining qarorgohiga borib, u yerni talon–taroj qildi. Egamiz aytganiday, yarim tog‘ora yaxshi un bir kumush tangadan, bir tog‘ora arpa ham bir kumush tangadan sotildi. Shoh o‘sha yaqin amaldorini darvozaga tayinlagan edi. Xalq amaldorni darvoza oldida bosib, yanchib o‘tib ketdi, amaldor o‘ldi. Shoh payg‘ambar huzuriga borganda, payg‘ambar bo‘ladigan hodisalarni unga oldindan aytgan edi. Hammasi payg‘ambar aytganiday bo‘ldi. U shohga: “Ertaga xuddi shu paytda Samariya darvozasi oldida yarim tog‘ora yaxshi un bir kumush tangadan, bir tog‘ora arpa bir kumush tangadan sotiladi”, degan edi. Amaldor esa payg‘ambarga: “Hatto Egamiz osmonning qopqasini ochib, yomg‘ir yog‘dirganda ham, shunday bo‘lmas–ov”, deb javob bergan edi. Elishay esa unga: “Sen ko‘zing bilan ko‘rasan, lekin senga nasib qilmaydi”, degandi. Shunday qilib, aytilgan voqea yuz berdi: xalq o‘sha amaldorni darvoza oldida bosib, yanchib o‘tib ketdi, amaldor o‘ldi. Elishay o‘zi tiriltirgan bolaning onasiga shunday degan edi: — Tur o‘rningdan, o‘zing va xonadoning ahli bilan birga jo‘na. Qayerda yashay olsang, o‘sha yerda yashayver, chunki Egamiz yurtga yetti yil qahatchilik yuborishga qaror qildi. Ayol payg‘ambarning aytganlariga quloq soldi. Uning o‘zi va xonadoni ahli Filistlar yeriga borib, u yerda yetti yil istiqomat qildi. Oradan yetti yil o‘tgach, o‘sha ayol Filistlar yeridan qaytib keldi. So‘ng uyimni va dalamni qaytarib olay, deb shoh huzuriga keldi. Shu paytda shoh Elishayning xizmatkori Gaxazi bilan gaplashayotgan edi: — Elishay qilgan hamma ajoyibotlar haqida menga aytib ber–chi, — dedi shoh. Payg‘ambar o‘likni qanday tiriltirganini Gaxazi shohga gapirayotgan edi, haligi ayol shohdan o‘z uyi va dalasini qaytarib olish uchun so‘rab kelib qoldi. — Shoh hazratlari! — dedi Gaxazi. — Bu o‘sha ayoldir. Ana, Elishay tiriltirgan o‘g‘li ham yonida turibdi. Shoh ayoldan bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘radi. Ayol shohga hammasini aytib berdi. Shundan so‘ng shoh saroy amaldorlaridan birini chaqirib, ayol bilan birga jo‘natar ekan, amaldorga amr berdi: — Bu ayolning hamma narsasi, bu yurtdan chiqib ketgan kundan boshlab bugungacha olingan jamiki daromadi bilan birga dalasi qaytarilsin. Elishay Damashqqa keldi. Oram shohi Banhadad xasta edi. “Payg‘ambar shu yerga kelibdi”, deb shohga xabar yetkazishdi. Shoh shunda Xazayil degan odamga dedi: — Birorta hadya olgin–da, payg‘ambarga peshvoz chiq. U orqali Egamizdan so‘rab ko‘r–chi, men shu kasallikdan xalos bo‘larmikanman. Xazayil Damashqdagi eng yaxshi hadyalardan qirqta tuyaga yuklab, Elishayni kutib olgani ketdi. Elishayning oldiga kelgach, unga shunday dedi: — Oram shohi Banhadad — qulingiz meni sizning huzuringizga yubordi. “Shu kasallikdan xalos bo‘larmikanman yoki yo‘qmikan, bilib kel”, dedi. — Shohning huzuriga borib, albatta sog‘ayib ketarkansiz, deb ayt, — dedi Elishay Xazayilga, — lekin Egamiz menga ayon qildi: shoh o‘ladi. Xazayil uyatdan qizarguncha, Elishay uning yuziga tik qarab turaverdi. Keyin payg‘ambar yig‘lay boshladi. — Hazratim nechun yig‘layaptilar? — so‘radi Xazayil. — Isroil xalqiga qiladigan yovuzliklaringni bilganim uchun yig‘layapman, — dedi Elishay. — Sen Isroil xalqining qal’alariga o‘t qo‘yasan, yigitlarini qilichdan o‘tkazasan, go‘daklarini yerga urib o‘ldirasan, homilador ayollarning qornini yorib tashlaysan. — Ko‘ppakdan farq qilmaydigan men, qulingiz, kim bo‘libmanki, shunaqa ishlarni qila olar ekanman?! — dedi Xazayil. — Egamiz menga ayon qildi: sen Oram shohi bo‘lasan, — deya javob berdi Elishay. Xazayil Elishayning huzuridan chiqib, hukmdori Banhadadning yoniga qaytib keldi. — Elishay senga nima dedi? — so‘radi shoh Xazayildan. — U menga aytdiki, siz albatta sog‘ayib ketarkansiz, — deb javob berdi Xazayil. Ertasi kuni Xazayil ko‘rpani olib, suvga botirdi–da, ho‘l ko‘rpani shohning yuziga yopib uni bo‘g‘di. Shunday qilib, Xazayil shohni o‘ldirib, uning o‘rniga o‘zi shoh bo‘ldi. Yohushafat hali Yahudo shohi bo‘lib turganda, uning o‘g‘li Yohuram ham taxtga o‘tirdi. Bu voqea Isroil shohi Yoram hukmronligining beshinchi yilida yuz berdi. Yohuram Yahudo shohi bo‘lganda, o‘ttiz ikki yoshda edi. U Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi. Xotini Axabning qizi bo‘lgani uchun, Yohuram ham, Axab xonadoni singari, Isroil shohlari yo‘lidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qildi. Egamiz O‘z quli Dovud haqi–hurmati uchun Yahudoni halokatga uchratishni istamadi, chunki Egamiz Dovudga: “Sening naslingga to abad so‘nmaydigan chiroq beraman”, deb va’da qilgan edi. Yohuram davrida Edom Yahudo shohligiga qarshi isyon qildi. Edom xalqi o‘zlarining mustaqil shohligini qurdilar. Shundan so‘ng Yohuram hamma jang aravalarini boshlab Zoirga bordi. Edom lashkari Yohuramni va uning jang aravalari sardorlarini o‘rab olgan edi, lekin Yohuram tunda hujum qilib, qamalni yorib chiqdi. Yahudo lashkari uylariga qochib ketdi. Shunday qilib, Edom xalqi hozirgacha Yahudo hukmronligidan ozoddir. O‘sha paytda Libna shahri ham isyon ko‘targan edi. Yohuramning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yohuram olamdan o‘tdi. U Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Yohuramning o‘rniga o‘g‘li Oxaziyo shoh bo‘ldi. Isroil shohi Yoram o‘n ikkinchi yil shohlik qilayotganda, Oxaziyo Yahudo shohi bo‘ldi. U Yohuramning o‘g‘li edi. Oxaziyo taxtga o‘tirganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda bir yil shohlik qildi. Onasining ismi Otaliyo bo‘lib, Isroil shohi Omrining nevarasi edi. Oxaziyo ham Axab xonadonining yo‘lidan ketdi. Axab nasliga o‘xshab, Egamiz oldida qabihliklar qildi. Chunki u Axab xonadoniga qarindosh edi. Oxaziyo bilan Yoram birga Giladdagi Ramo‘tga borib, Oram shohi Xazayilga qarshi urush ochdi. Yoram shu urushda yarador bo‘ldi. Shoh Yoram yarasini davolatish uchun Yizril shahriga qaytib kelgan edi. Yahudo shohi Oxaziyo esa yaralangan Yoramni ko‘rgani Yizrilga bordi. Payg‘ambar Elishay payg‘ambarlar guruhidan bittasini chaqirib, unga dedi: — Qani, bo‘l, qo‘lingga anavi moy solingan idishni ol, Giladdagi Ramo‘tga bor. U yerga borganingdan keyin, Yohuni qidirib top. Nimshi deganning nabirasi Yohu Yahoshafat degan odamning o‘g‘lidir. Uni o‘rtoqlari orasidan chaqirib chiqib, boshqa xonaga olib kir. So‘ngra moy solingan idishni ol. Yohuning boshiga moyni surtgin–da, shunday degin: “ Egamiz shunday aytmoqda: senga moy surtib, Isroil ustidan shoh qilib tanladim.” Keyin eshikni ochgin–u, kutmasdan qoch. Yosh payg‘ambar Giladdagi Ramo‘tga ketdi. O‘sha joyga yetib kelganda, lashkarboshilar suhbatlashib o‘tirgan edi. — Senda gapim bor, lashkarboshi, — dedi u. — Qaysi birimizda gaping bor? — deb so‘radi Yohu. — Senda, lashkarboshi, — dedi u Yohuga. Yohu o‘rnidan turib, boshqa xonaga kirdi. Yosh payg‘ambar uning boshiga moyni surtgach, dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Senga moy surtib, O‘zimning xalqim Isroil ustidan shoh qilib tanladim. Sen hukmdoring Axabning xonadonini qirib tashlaysan, toki payg‘ambar qullarim va boshqa hamma qullarimning to‘kilgan qonlari uchun Men Izabeldan o‘ch olay. Axabning butun xonadoni yo‘q bo‘ladi. Isroilda Axabning urug‘idan har bir erkak zotini, xoh qul bo‘lsin, xoh ozod bo‘lsin, qirib tashlayman. Axab xonadonini Nabat o‘g‘li Yeribomning xonadoni va Oxiyo o‘g‘li Bashoning xonadoni ko‘yiga solaman. Izabel esa Yizril yerlarida itlarga yem bo‘ladi, uni dafn qiladigan hech kimsa bo‘lmaydi.” U shunday deb eshikni ochdi–yu, qochdi. Yohu lashkarboshi do‘stlari oldiga qaytdi. — Tinchlikmi? Anavi telba sening oldingga nima uchun kelibdi? — deb so‘rashdi do‘stlari undan. — E, bunaqa odamlarni bilasizlar–ku, valdirayveradilar–da ular, — dedi Yohu do‘stlariga. — Ey, yolg‘onchi! Qani, bizga ham ayt–chi, — deyishdi ular. Yohu do‘stlariga: “Egamiz menga moy surtib Isroil ustidan shoh qilib tanlabdi”, deb payg‘ambarlarning gaplarini aytib berdi. Hammalari shoshilib qolishdi. Har kim liboslarini yechib, Yohu turgan zinapoyaga to‘shadilar va burg‘u chalib: “Yohu shoh bo‘ldi!” deb jar soldilar. Yohu Yoramga qarshi fitna uyushtirdi. Bu paytda butun Isroil lashkari shoh Yoram boshchiligida Giladdagi Ramo‘t shahrini Oram shohi Xazayildan himoya qilayotgan edi. Yoram Xazayil bilan jang qilganda, Oram lashkari uni yaralagan, Yoram esa yaralarini davolatish uchun Yizrilga qaytgan edi. Yohu do‘stlariga: — Agar sizlar men tomonda bo‘lsalaringiz, shahardan biror kimsa chiqib ketishiga va Yizrilga xabar olib borishiga yo‘l qo‘ymanglar, — dedi. Yohu otiga minib, Yizril shahriga yo‘l oldi, chunki Yoram kasal bo‘lib, u yerda yotgan edi. Yahudo shohi Oxaziyo ham Yoramni ko‘rgani kelgan edi. Yizril minorasi ustida qorovul turardi. Yohuning odamlari yaqinlashib kelardi. Qorovul ularni ko‘rib qolib: “Bir talay odamni ko‘ryapman”, dedi. Yoram qorovulga aytdi: — Birorta otliqni yubor, odamlarni kutib olib: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” deb so‘rasin. Suvori Yohuga peshvoz chiqib dedi: — Shoh: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” deb so‘rayapti. — Tinchlikdan senga nima?! Orqamdan yur, — dedi Yohu. Qorovul esa: “Otliq ularning oldiga yetib bordi–yu, lekin qaytib kelmayapti”, deb xabar berdi. Endi boshqa bir otliqni yuborishdi, bunisi ham ularning oldiga kelib: — Shohimiz: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” deb so‘rayapti, — dedi. — Tinchlikdan senga nima?! Orqamdan yur, — dedi Yohu. Qorovul: “Otliq ularning oldiga yetib bordi–yu, qaytib kelmadi, o‘pkasi og‘ziga tiqilganday hovliqib ot choptirib kelishidan Yohuga o‘xshaydi”, deb xabar yetkazdi. — Aravani qo‘sh! — deb buyurdi Yoram. Shohning jang aravasini qo‘shdilar. Isroil shohi Yoram va Yahudo shohi Oxaziyo o‘z aravalariga minib, Yohuni kutib olgani chiqdilar. Ular Yohuni Yizrillik Navo‘tning dalasida kutib oldilar. Yoram Yohuni ko‘rgach, unga: — Tinchlik bilan keldingmi, Yohu? — deb so‘radi. — Onang Izabel boshlagan zinoyu sehr–jodu bizda hanuzgacha davom etib kelar ekan, qanaqasiga tinchlik bo‘lsin?! — dedi Yohu. Yoram Oxaziyoga: “Qochdik, Oxaziyo! Xoinlik bu!” dedi–yu, ot tizginini burib, qochib qoldi. Yohu kamonni kuchi boricha tortib, Yoramning ikkala kuragi o‘rtasini mo‘ljallab otdi. O‘q Yoramning qoq yuragini teshib o‘tdi. Yoram aravasi ichiga yiqildi. Yohu xizmatkori Bidkarga dedi: — Uning jasadini Yizrillik Navo‘tning dalasiga olib borib tashla, shuni yodingdan chiqarmaginki, biz, ikkovimiz, Yoramning otasi Axabning ortidan jang aravasida borganimizda, Axabga qarshi Egamiz shuni ayon qilgan edi: “Kecha Navo‘t bilan uning o‘g‘illari qonini ko‘rdim. Sendan o‘sha dalada qasos olaman.” Endi Egamizning aytganiga ko‘ra, Yoramning jasadini olib, Navo‘tning dalasiga olib borib tashla. Yahudo shohi Oxaziyo bu hodisani ko‘rib, Bayt–Xagon shahriga qarab qochdi. Yohu uning ortidan quvib ketayotganda: — Uni ham o‘ldiringlar! — deb baqirdi. Yiblayom shahri yonidagi Gur tepaligida aravasida turgan Oxaziyoni otdilar. Oxaziyo Maxido‘ shahriga qochib borib, o‘sha yerda jon berdi. A’yonlari uning jasadini aravada Quddusga olib keldilar va Dovud qal’asida ota–bobolari xilxonasiga dafn qildilar. Axab o‘g‘li Yoram shohligining o‘n birinchi yilida Oxaziyo Yahudo shohi bo‘lgan edi. Yohu Yizrilga bordi. Izabel esa bu xabarni eshitib ko‘zlariga surma surtib, sochlarini tarab, derazadan qarab turgan edi. Yohu shahar darvozasidan kirgach, Izabel: — Ha, senmisan, hukmdorini o‘ldirgan Zimridan qolishadigan joying yo‘q! Tinchlik bilan keldingmi? — dedi. Yohu ko‘zlarini derazaga qadab: — Kim men tomonda? Kim? — deb baqirdi. Tepada haram og‘alaridan ikki–uchtasi paydo bo‘ldi. — Uni pastga uloqtiringlar! — deb buyurdi Yohu. Ular Izabelni ushlab pastga uloqtirdilar. Uning qoni devorga, otlarga sachradi, Yohuning oti jasadni ezg‘ilab tashladi. Shundan keyin Yohu kelib, yeb–ichdi. So‘ngra: — Anavi la’natini topib, ko‘minglar, — dedi, — nima bo‘lganda ham, shoh qizi–da. Lekin Izabelning jasadini dafn qilishga borgan odamlar, uning bosh–suyagi, oyog‘i va qo‘l panjasidan boshqa biror a’zosini topa olmadilar. Hammalari qaytib kelib, Yohuni ahvoldan xabardor qildilar. Yohu ularga shunday dedi: — Egamizning O‘z quli Ilyos orqali aytgan bu so‘zlari bajo bo‘ldi: “Izabelning jasadi Yizril yerlarida ko‘ppaklarga yem bo‘lar, Uning jasadi Yizril dalalaridagi go‘ngga o‘xshab qolar, Shuning uchun hech kim, bu Izabeldir, deb aytmas.” Axabning Samariyada yetmishta o‘g‘li bor edi. Yohu Samariya hududidagi Yizril beklariga, oqsoqollariga va Axab o‘g‘illarining murabbiylariga shu mazmunda maktub yozib yubordi: “Shohingizning o‘g‘illari sizlar bilan birga turibdilar, jang aravalaringiz, otlaringiz va qurol–yarog‘laringiz ham bor, o‘zlaringiz mustahkam shaharda yashaysizlar. Ushbu maktub sizlarga yetib borishi bilanoq, hukmdoringiz o‘g‘illaridan eng munosibini tanlab olib, otasining o‘rniga taxtga o‘tqazinglar va hukmdoringizning xonadonini himoya qilish uchun men bilan jang qilishga tayyorlaninglar.” Ammo Samariyadagilar juda qo‘rqib ketdilar: — Yohuga ikkita shoh bardosh berolmadi–yu, biz qanday qilib bardosh berardik?! — deyishdi ular. Shundan keyin bosh vazir, shahar hokimi, oqsoqollar, Axab o‘g‘illarining murabbiylari Yohuga shunday xabar berishdi: “Biz hech kimni shoh qilmaymiz. Biz sizning qullaringizmiz, nima buyursangiz, shuni ijro qilurmiz, sizga nima ma’qul bo‘lsa, shuni qiling.” Yohu esa ularga ikkinchi marta shu mazmunda maktub yozdi: “Agar sizlar men tarafda bo‘lib, menga itoat etishga tayyor bo‘lsangizlar, hukmdoringiz o‘g‘illarining boshlarini olib, ertaga shu paytda Yizrilga mening huzurimga keltiringlar.” Shohning yetmishta o‘g‘li bo‘lib, ularni shaharning eng aslzodalari tarbiya qilayotgan edilar. Maktub aslzodalarning qo‘liga tekkach, ular shoh o‘g‘illarini ushlab, hammalarini — yetmish kishini bo‘g‘izladilar, ularning boshlarini savatga solib, Yizrilga — Yohuning huzuriga jo‘natdilar. Xabarchi Yohuga: “Ular shoh o‘g‘illarining boshlarini olib keldilar”, dedi. Yohu: “Kallalarni darvoza oldiga ikki to‘p qilib taxlanglar, ertalabgacha o‘sha yerda qolsin”, dedi. Ertasiga ertalab Yohu xalqning oldiga chiqib gapirdi: — O‘z hukmdorimga qarshi men isyon ko‘tarib, uni o‘ldirdim. Sizlar aybdor emassizlar. Lekin mana bu odamlarni kim o‘ldirdi? Shuni bilib qo‘yinglarki, Egamizning Axab xonadoni to‘g‘risida aytgan bironta so‘zi ijrosiz qolmaydi. Egamiz O‘z quli Ilyos orqali aytgan so‘zini bajo qildi. So‘ngra Yohu Yizrilda Axab xonadonining qolgan–qutganini, uning hamma a’yonlarini, yaqinlarini, ruhoniylarini o‘ldirdi. Shunday qilib, Axabning bironta ham odami tirik qolmadi. Shundan keyin Yohu Yizrildan Samariya tomon yo‘lga chiqdi. U yo‘lda cho‘ponlarga qarashli Bayt–Akad degan joyda Yahudo shohi Oxaziyoning qarindoshlari bilan uchrashib qoldi va ulardan: “Sizlar kimsizlar?” deb so‘radi. — Biz Oxaziyoning qarindoshlarimiz, — deyishdi ular. — Shohning oilasidan va malika Izabelning o‘g‘illaridan xabar olgani ketyapmiz. — Bularni tiriklayin ushlanglar! — deb buyurdi Yohu odamlariga. Ularni tiriklayin ushlab hammalarini — qirq ikkita odamni Bayt–Akad sardobasi yonida bo‘g‘izladilar. Ulardan birortasini ham tirik qoldirmadilar. Yohu u yerdan jo‘nab ketdi. Yo‘lda o‘ziga tomon to‘g‘ri kelayotgan Yohunadov degan odam bilan uchrashib qoldi. U Raxav degan odamning o‘g‘li edi. Yohu u bilan salomlashib: — Senga mening niyatim xolis, sening niyating ham xolismi? — deb so‘radi. — Shunday, — deb javob berdi Yohunadov. — Unday bo‘lsa, qo‘lingni ber, — dedi Yohu. Yohunadov qo‘lini uzatdi. Yohu uni yoniga — aravasiga oldi. — Men bilan yur, men Egamiz uchun qanchalik jon kuydirishimni ko‘rib qo‘y, — dedi Yohu unga. So‘ngra uni aravasida Samariyaga olib ketdi. Yohu Samariyaga yetib kelgach, Egamiz Ilyos orqali aytganiday, Axabning u yerdagi qolgan–qutgan qarindoshlarini bitta qo‘ymay o‘ldirdi. Yohu jamiki xalqni to‘plab, ularga aytdi: — Axab Baalga unchalik sig‘inmas edi, men esa Baalga chin dildan sig‘inaman. Endi mening oldimga Baalning hamma payg‘ambarlarini chaqirib kelinglar, hech kim kelmay qolmasin, chunki men Baalga juda katta qurbonlik qilaman, kelmaganlar o‘ldiriladi. Aslida Yohu Baalga sig‘inganlarni o‘ldirish maqsadida bir hiyla o‘ylayotgan edi. — Baalga bag‘ishlangan bayram yig‘ini bo‘lishini tayinlanglar, — dedi Yohu. Bu to‘g‘rida e’lon qildilar. Yohu butun Isroil bo‘ylab xabar jo‘natgan edi, Baalga sajda qiluvchilarning hammasi keldi, birontasi ham kelmay qolmadi. Hamma Baalning uyiga kirdi. Baalning uyi liq to‘ldi. Yohu muqaddas liboslarni saqlovchi xizmatkorga: — Baalga sig‘inadiganlarning hammasiga liboslar keltir, — deb amr berdi. Xizmatkor har biriga libos keltirdi. Shu payt Yohu Yohunadov bilan birga Baalning uyiga kirdi–da, sajda qiluvchilarga: — Atrofingizga yaxshilab qarang, — dedi. — Orangizda Egamizga xizmat qiladiganlardan hech kim bo‘lmasin, bu yerda faqat Baalga sajda qiluvchilar bo‘lsin. Shundan keyin Yohu bilan Yohunadov kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar qilgani ichkariga kirdilar. Yohu Baalning uyi atrofiga sakson kishini qo‘yib, ularga shunday amr bergan edi: “Qo‘lingizga mana bu odamlarni topshiryapman. Bulardan birortasi qochib jonini qutqarib ketishiga kimki yo‘l qo‘ysa, boshi bilan javob beradi.” Qurbonlik kuydirib bo‘linishi bilanoq, Yohu qo‘riqchilarga va lashkarboshilarga: “Ichkariga kirib, hammani o‘ldiringlar, birortasi ham qochib ketmasin!” — deb buyruq berdi. Qo‘riqchilar va lashkarboshilar hammasini qilich damidan o‘tkazib, jasadlarini tashqariga otdilar. So‘ngra Baalning uyidagi ichkari xonaga kirib, u yerdagi butsimon ustunlarni tashqariga olib chiqib yoqib yubordilar. Baalga atalgan toshni sindirdilar, uyini vayron qildilar. Xalq bu joyni hojatxonaga aylantirdi. O‘sha joy bugungacha hojatxona bo‘lib qoldi. Shunday qilib, Yohu Isroil yerida Baalga sajda qilishga barham berdi. Biroq Yohu Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi, ya’ni Baytil va Dandagi oltin buzoqlarga sajda qilishdan Yohu qaytmadi. Egamiz Yohuga: — Mening oldimda to‘g‘ri ish qilib muvaffaqiyat qozonding, — dedi. — Axab xonadoniga qarshi Men nima istagan bo‘lsam, hammasini qilding. Buning uchun sening nasling to‘rtinchi avlodigacha Isroil taxtida o‘tiradi. Ammo Yohu Isroil xalqining Xudosi — Egamizning qonunlariga butun qalbi bilan itoat qilmadi, Isroil xalqini gunohga botirgan Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi. [32-33] O‘sha paytda Egamiz Isroil yerlarini parchalab, kichraytira boshladi. Oram shohi Xazayil Iordan daryosining sharqida Gad, Ruben, Manashe qabilalari yashaydigan butun Gilad yerlarini, Arnon soyligidagi Aror shahridan Gilad va Bashan o‘lkalariga qadar bo‘lgan jamiki Isroil yerlarini bosib oldi. *** Yohuning boshqa ishlari, butun faoliyati va qahramonliklari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yohu olamdan o‘tdi. U Samariyada ota–bobolari yoniga dafn etildi. Yohuning o‘rniga o‘g‘li Yohuxoz shoh bo‘ldi. Yohu Samariyada yigirma sakkiz yil Isroilga hukmdorlik qildi. Otaliyo o‘z o‘g‘li shoh Oxaziyoning o‘ldirilganini eshitgach, Yahudoda Oxaziyoning jamiki urug‘ini qirib tashlashga kirishdi. Shohning hamma o‘g‘illarini o‘ldirish rejalashtirilgan edi. Shoh Yohuramning Yohusheva degan qizi bor edi. Yohusheva Oxaziyoga o‘gay singil edi. Yohusheva Oxaziyoning o‘g‘li Yo‘shni shohning o‘g‘illari orasidan bildirmasdan olib qochdi. Uni, enagasi bilan birga, Egamizning uyidagi yotoqxonaga yashirdi. Bola Otaliyodan yashirinib, tirik qoldi. Otaliyo yurtni boshqargan paytda, bola olti yil davomida Egamizning uyida enagasi bilan birga yashirinib yurdi. Yettinchi yili ruhoniy Yohayido Xaryollik qo‘riqchilarning lashkarboshilariga va saroy qo‘riqchilarining lashkarboshilariga xabar berib, ularni chaqirtirdi. Hammalarini Egamizning uyiga yig‘ib, ular bilan ahd tuzdi. Hammalariga Egamizning uyida ont ichirgandan keyin, shohning o‘g‘li Yo‘shni ularga ko‘rsatdi. Yohayido ularga shunday buyurdi: “Endi sizlar bunday qilasizlar: Shabbat kuni xizmatdagilarning uchdan biri shoh saroyini qo‘riqlashadi. Uchdan biri Sur darvozasini, uchdan biri esa saroy darvozasini qo‘riqlashadi va saroy qo‘riqchilari o‘rniga turishadi. Shabbat kuni xizmatlari bitgan boshqa ikki qism sipohlaringiz Egamizning uyi atrofida turib shohni qo‘riqlasin. Hamma qo‘lida quroli bilan shohni har tomondan o‘rab olsin, kim safga yaqinlashsa, o‘ldirilsin. Shoh kirganda ham, chiqqanda ham, unga hamroh bo‘linglar.” Yuzboshilar ruhoniy Yohayidoning amrlarini so‘zsiz bajardilar. Har bir yuzboshi Shabbat kuni xizmatini boshlagan va xizmatini tugatgan qo‘riqchilarini olib, Yohayidoning yoniga bordi. Ruhoniy Egamizning uyida turgan shoh Dovudning nayzalariyu qalqonlarini yuzboshilarga tarqatdi. Shohni qo‘riqlash uchun uyning janub tomonidan shimol tomonigacha, qurbongohning va uyning atrofiga soqchilar jangga shay qilib qo‘yildi. Yohayido shohning o‘g‘li Yo‘shni tashqariga olib chiqib, boshiga toj kiygizdi. Unga shohlik qonunlarini berdi. Yo‘sh shoh deb e’lon qilindi. Uning boshiga moy surtishdi, so‘ngra: “Shohimizning umrlari uzoq bo‘lsin!” deya olqishlab, qarsak chaldilar. Otaliyo qo‘riqchilar bilan xalqning shovqin–suronini eshitgach, Egamizning uyiga yig‘ilganlar yoniga bordi. Qarasaki, odatga ko‘ra, Egamizning uyi eshigi yonidagi ustun oldida shoh turibdi, shohning atrofini lashkarboshilar, karnaychilar o‘rab olgan. Yurtning butun xalqi shod–xurram, karnay chalyapti. Shunda Otaliyo g‘azabdan liboslarini yirtib: “Xoinlik! Xoinlik!” deb baqirdi. Ruhoniy Yohayido yuzboshilarga: “U xotinni bu yerdan olib chiqib ketinglar, kimki unga ergashsa, qilichdan o‘tkazinglar”, deya buyruq berdi. Ruhoniy o‘sha ayolning Egamiz uyida o‘ldirilishini istamadi. Otaliyo ushlandi va saroyning Ot darvozasiga keltirilib, o‘sha yerda o‘ldirildi. Ruhoniy Yohayido, Yahudo xalqi Egamizning xalqi bo‘lsin, deya shoh, xalq va Egamiz orasida ahd tuzdi. Undan keyin xalq bilan shoh orasida ham ahd tuzdi. So‘ng butun xalq Baalning uyiga borib, uni buzib tashladi, u yerdagi qurbongohlarni va Baalning tasvirlarini sindirdi, Baalning ruhoniysi Mattonni esa qurbongohlarning ro‘parasida o‘ldirdi. So‘ngra yuzboshilarni, Xaryollik qo‘riqchilarni, saroy qo‘riqchilarini va jamiki xalqni yoniga olib, shohni Egamizning uyidan olib chiqdi. Ular qo‘riqchilar darvozasidan o‘tib, shohni saroyga olib keldilar va taxtga o‘tqazdilar. Otaliyo shoh saroyida o‘ldirilgani uchun, yurt xalqi sevindi. Quddus osoyishta bo‘lib qoldi. Yo‘sh taxtga o‘tirgan paytda yetti yoshda edi. Isroil shohi Yohu yettinchi yil shohlik qilayotganda, Yo‘sh Yahudo shohi bo‘lgan edi. U Quddusda qirq yil hukmronlik qildi. Onasi Bersheva shahridan bo‘lib, ismi Zibiyox edi. Yo‘sh umri bo‘yi Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi, chunki ruhoniy Yohayido unga yo‘l ko‘rsatardi. Lekin sajdagohlar hamon yo‘q qilinmagan, xalq hali ham o‘sha joylarda qurbonlik qilib, tutatqi tutatardi. Yo‘sh ruhoniylarga farmon berdi: — Egamizning Ma’badiga ehson sifatida olib kelingan kumushni, doimiy soliqni, ont tufayli berilgan to‘lovni yoki ixtiyoriy berilgan hadyalarni to‘planglar. Bu kumushlarni ruhoniylar olib keluvchilardan qabul qilib olib, Egamiz uyining buzilgan joylarini tuzatishga sarflashsin. Yo‘sh shohligining yigirma uchinchi yilida ham ruhoniylar Egamiz uyining buzilgan joylarini hali tuzatmagan edilar. Shundan keyin shoh Yo‘sh ruhoniy Yohayido bilan boshqa ruhoniylarni chaqirib: — Nimaga Egamizning uyini tuzatmayapsizlar? — dedi ularga, — endi odamlardan kumush olmanglar. Olgan kumushlaringizni Egamizning uyini tuzatishga beringlar. Ruhoniylar xalqdan o‘zlari pul yig‘maslikka va Egamizning uyi ta’mirlanishini nazorat qilmaslikka rozi bo‘lishdi. Ruhoniy Yohayido bir quti olib, qopqog‘i ustidan teshik ochdi. Uni qurbongohning yoniga — odamlar Egamizning uyiga kiradigan joyning o‘ng tomoniga joylashtirdi. Ostonada qorovul bo‘lib turgan ruhoniylar Egamizning uyiga keltirilgan hamma kumushni qutiga tashlayverishdi. Qutida ko‘p pul yig‘ilganidan keyin, shohning mirzasi bilan oliy ruhoniy kelib, Egamizning uyiga keltirilgan kumushlarni qoplarga solib tortishdi. Tortilgan kumushlar Egamizning uyidagi ishlarning boshida turgan odamlarga berildi. Ular esa bu kumushlarni Egamizning uyida ishlayotgan duradgor va binokorlarga, tosh teruvchilarga, sangtaroshlarga to‘lashar, uyni tuzatmoq uchun yog‘och va tosh sotib olishga ishlatishar, uyni tuzatishga kerak bo‘lgan boshqa ashyolarga sarf qilishardi. Egamizning uyida yig‘ilgan kumush bu joy uchun kumush tog‘oralar, qaychilar, tog‘orachalar va karnaylar, har xil oltin yoki kumush buyumlar yasashga sarf qilinmadi. Bu kumushning hammasi ishlovchilarga to‘lashga va uyni tuzatishga sarf qilindi. Egamizning uyida ishlovchilarga pul taqsimlaydigan odamlardan hisob–kitob talab qilinmadi, chunki ular halol ishlashdi. Ayb va gunoh nazr qilib berilgan pullar esa Egamizning uyiga keltirilmadi. Bu pullar ruhoniylarniki edi. O‘sha paytda Oram shohi Xazayil Gat shahriga hujum qilib, shaharni qo‘lga kiritdi. Keyin Quddusga hujum qilmoqqa qaror qildi. Yahudo shohi Yo‘sh esa ota–bobolari — Yahudo shohlari Yohushafatning, Yohuramning, Oxaziyoning va o‘zining Egamizga atagan hamma muqaddas nazrlarini, Egamizning uyidan va saroy xazinalaridan olingan jamiki oltinlarni Oram shohi Xazayilga yubordi. Shundan keyin Xazayil Quddusga hujum qilish qaroridan qaytdi. Yo‘shning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Shoh Yo‘shning a’yonlari isyon ko‘tarib, uni Silloga boradigan yo‘lda — Millodagi uyda o‘ldirdilar. Uni o‘ldirganlar Yo‘shning a’yonlaridan Shimat degan odamning o‘g‘li Yo‘zabad bilan Sho‘mer deganning o‘g‘li Yohuzabad edilar. Yo‘sh Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Emoziyo shoh bo‘ldi. Yahudo shohi Yo‘sh shohligining yigirma uchinchi yilida Yohuxoz Samariyada Isroil taxtiga o‘tirdi va o‘n yetti yil hukmronlik qildi. Yohuxoz Yohuning o‘g‘li edi. Yohuxoz Egamiz oldida qabih ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribomning qilgan gunohlariga ergashdi. U qabih yo‘lidan aslo qaytmadi. Shuning uchun Egamiz Isroildan g‘azablandi va Isroil xalqini uzoq vaqt Oram shohi Xazayil bilan Xazayilning o‘g‘li Banhadadning qo‘liga berib qo‘ydi. Shu sababdan Yohuxoz Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz uning iltijolarini eshitdi. Isroil xalqi chekkan azob–uqubatlarni, Oram shohi ularni siquvga olganini Egamiz ko‘rib turardi. Egamiz Isroilga bir qutqaruvchi yuborgandan keyin, ular Oram xalqining zulmidan xalos bo‘ldi va oldingiday tinchgina yashayverdi. Ammo xalq Yeribom xonadoni Isroilga olib kirgan gunohlarga ergashaverdi, bu gunohlardan qaytmadi. Asheraga atalgan ustun hali ham Samariyada turgan edi. Oram shohi Yohuxozning lashkarlarini qirib, kulini ko‘kka sovurgan edi. Yohuxozning ellikta otliq sipohi, o‘nta jang aravasi, o‘n mingta piyoda sipohidan boshqa kuchi qolmagan edi. Yohuxozning boshqa ishlari, butun faoliyati va uning qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yohuxoz olamdan o‘tdi. U Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Yoho‘sh shoh bo‘ldi. Yahudo shohi Yo‘sh shohligining o‘ttiz yettinchi yilida Yoho‘sh Samariyada Isroil taxtiga o‘tirdi va o‘n olti yil hukmronlik qildi. Yoho‘sh Yohuxozning o‘g‘li edi. U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan jamiki gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi. Yoho‘shning boshqa ishlari, butun faoliyati, Yahudo shohi Emoziyo bilan jang qilganda ko‘rsatgan qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yoho‘sh olamdan o‘tib, Samariyada ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Yorubom shoh bo‘ldi. Elishay tuzalmas xastalikka yo‘liqqanda, Isroil shohi Yoho‘sh uni ziyorat qilgani borib: “Otam! Otam! Siz Isroilning qudratli himoyachisi edingiz! Isroilning jang aravasi va otliq lashkari kabi edingiz–a! Qayoqqa ketib qoldingiz–a?” deb yig‘lagan edi. O‘shanda Elishay shohga: “Yoying bilan o‘qlaringni ol!” dedi. Shoh yoyi bilan o‘qlarini oldi. Elishay: “Yoyni hozirla!” deb shohga buyurdi. Shoh yoyni hozirlagach, Elishay qo‘llarini shohning qo‘llari ustiga qo‘ydi. So‘ngra unga: “Sharq tomondagi derazani och!” deb buyurdi. Shoh derazani ochgandan keyin, Elishay: “O‘qni ot!” dedi. Shoh o‘qni otdi. — Bu o‘q Egamiz beradigan najot alomatidir, u seni Oram lashkari ustidan zafarga erishtiradi, — dedi Elishay. — Sen Oram lashkarini Ofoqda yo‘q qilasan. Keyin Elishay shohga: “Qolgan o‘qlarni ol!” deb buyurdi. Isroil shohi o‘qlarni olgach, Elishay unga: “O‘qlarni yerga ur!” dedi. Shoh o‘qlarni uch marta yerga urib, to‘xtab qoldi. Shunda payg‘ambar shohdan achchiqlandi: — Besh–olti marta urishing lozim edi, o‘shanda Oram lashkarini tamomila mag‘lub qilgan bo‘larding. Endi esa ularni uch martagina mag‘lub etasan, xolos. Shundan keyin Elishay vafot etdi, uni dafn qildilar. Har yili bahorda Mo‘abdan bosqinchilar Isroil yerlariga bostirib kelardi. Bir safar Isroil odamlari bir marhumni dafn qilayotgan edilar, Mo‘ablik bosqinchilarni ko‘rdilar–u, jasadni Elishayning xilxonasiga tashlab qochdilar. Jasad Elishayning suyaklariga tekkanda tirilib ketdi va oyoqqa turdi. Oram shohi Xazayil Yohuxozning butun shohligi davrida Isroil xalqiga zulm o‘tkazib kelgan edi. Ammo Egamiz Isroil xalqiga rahm–shafqat ko‘rsatib, Ibrohim, Is’hoq va Yoqub bilan qilgan ahdiga ko‘ra, Isroil xalqiga yuz burgan edi. Egamiz hozirgacha Isroil xalqini O‘z huzuridan quvib chiqarmadi va ularning qirilib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Oram shohi Xazayil vafot etgach, o‘rniga o‘g‘li Banhadad shoh bo‘ldi. So‘ngra Yoho‘sh otasi Yohuxoz shohligi davrida boy bergan shaharlarni Xazayilning o‘g‘li Banhadaddan qaytarib oldi. Banhadadni uch marta mag‘lub qilib, Isroil shaharlariga boshqatdan egalik qildi. Isroil shohi Yoho‘sh ikkinchi yili shohlik qilayotganda, Emoziyo Yahudo shohi bo‘ldi. Emoziyo Yo‘shning o‘g‘li edi. Emoziyo shoh bo‘lganda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma to‘qqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik bo‘lib, ismi Yohuvaddon edi. Emoziyo Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qilsa ham, bobosi Dovud kabi emasdi. U har qanday ishni otasi Yo‘sh kabi qildi. Shu boisdan sajdagohlar hamon yo‘q qilinmagan, xalq u yerlarda hali ham qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Emoziyo o‘z shohligini mustahkamlab olgandan keyin, shohni — otasini o‘ldirgan a’yonlarni yo‘q qildi. Biroq Musoning Tavrotida yozilganiga ko‘ra, qotillarning bolalarini o‘ldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlari gunohi uchun o‘ldirilmasin, farzandlar otalari gunohi uchun o‘ldirilmasin, har kim o‘zining gunohi uchungina jazolansin”, deb amr qilgan edi. Emoziyo Tuz vodiysida o‘n mingta Edom sipohini o‘ldirdi. Sela shahrini jang qilib qo‘lga kiritib, u yerga Yoxtal deb nom berdi. O‘sha joy hozir ham shu nom bilan yuritiladi. Shundan so‘ng Emoziyo Isroil shohi Yoho‘shga xabarchilar jo‘natib: “Qani, menga jang maydonida ro‘baro‘ kelib ko‘r–chi”, dedi. Isroil shohi Yoho‘sh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni jo‘natdi: “ Lubnondagi g‘ovtikan shu yerdagi sadr daraxtiga, qizingni o‘g‘limga xotinlikka ber, deb xabar yo‘llabdi. O‘sha paytda Lubnondagi yirtqich hayvon o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, g‘ovtikanni bosib yanchib ketibdi. Shunga o‘xshab, sen ham Edom xalqini mag‘lub etganing uchun mag‘rurlanib ketding, Emoziyo. O‘sha shuhrating bilan kifoyalanib, uyingda o‘tiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? O‘z boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan!” Lekin Emoziyo quloq solmadi. Shuning uchun Isroil shohi Yoho‘sh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt–Shamash shahrida ro‘baro‘ keldi. Isroil lashkari Yahudo lashkarini mag‘lub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi. Isroil shohi Yoho‘sh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxaziyoning nevarasi, Yo‘shning o‘g‘li edi. So‘ng Yoho‘sh Quddusga kelib, Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha bo‘lgan to‘rt yuz tirsak qismini buzdirdi. Egamizning uyida va saroyning xazinalarida topilgan oltinlarni, kumushlarni va hamma ashyolarni tortib oldi. Buning ustiga, asirlarni ham olib, Samariyaga qaytib ketdi. Yoho‘shning boshqa ishlari, Yahudo shohi Emoziyo bilan jang qilganda ko‘rsatgan qahramonliklari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yoho‘sh olamdan o‘tdi. U Samariyada ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Yorubom shoh bo‘ldi. Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yoho‘shning o‘limidan keyin o‘n besh yil yashadi. Emoziyoning boshqa ishlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Quddusda Emoziyoga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib Laxish shahriga qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni o‘sha yerda o‘ldirtirdilar. Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qal’asida ota–bobolarining yoniga dafn qilindi. So‘ngra Yahudo xalqi o‘n olti yoshli Uzziyoni otasi Emoziyoning o‘rniga shoh qilib ko‘tardilar. Otasi Emoziyo olamdan o‘tgach, Uzziyo Elet shahrini qaytadan Yahudo yerlariga qo‘shib olib, boshqatdan qurdi. Yahudo shohi Emoziyo shohligining o‘n beshinchi yilida Yorubom Samariyada Isroil shohi bo‘ldi va qirq bir yil hukmronlik qildi. Yorubom Yoho‘shning o‘g‘li edi. U Egamiz oldida qabih ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi. Yorubom Levo–Xomatdan O‘lik dengizgacha bo‘lgan Isroil yerlarini qaytadan qo‘lga kiritdi. Zotan, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz O‘z quli Yunus payg‘ambar orqali bu to‘g‘rida aytgan edi. Yunus Amitay deganning o‘g‘li bo‘lib, u Gat–Xafer shahridan edi. Egamiz Isroil xalqi tortayotgan nihoyatda og‘ir azoblarni ko‘rdi. Bu yerda Isroilga yordam berishga qodir na qul, na ozod qolgan edi. Egamiz Isroil xalqi nomini yer yuzidan o‘chirishni istamagani uchun, Yorubom orqali ularni qutqargan edi. Yorubomning boshqa ishlari, butun faoliyati, janglarda ko‘rsatgan qahramonliklari, ilgaridan Yahudoga qarashli bo‘lgan Damashq va Xomatni qaytadan Isroil yerlariga qo‘shib olgani to‘g‘risida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yorubom olamdan o‘tib, ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Zakariyo shoh bo‘ldi. Yorubom Isroilda hukmronlik qilayotganiga yigirma yetti yil bo‘lganda, Uzziyo Yahudo shohi bo‘ldi. Uzziyo Emoziyoning o‘g‘li edi. Uzziyo shoh bo‘lganda, o‘n olti yoshda edi. U Quddusda ellik ikki yil hukmdorlik qildi. Onasi Qudduslik bo‘lib, ismi Yoxoliyo edi. Uzziyo ham, otasi Emoziyo kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Lekin sajdagohlar hamon yo‘q qilinmagan, xalq o‘sha joylarda hali ham qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Egamiz Uzziyoni jazolab, teri kasalligiga yo‘liqtirdi. Umrining oxirigacha bir uyda yolg‘iz yashadi. Yurt xalqini ham, shoh saroyini ham o‘g‘li Yo‘tom boshqarardi. Uzziyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Uzziyo olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Yo‘tom shoh bo‘ldi. Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga o‘ttiz sakkiz yil bo‘lganda, Zakariyo Samariyada Isroil shohi bo‘ldi va olti oy hukmronlik qildi. Zakariyo Yorubomning o‘g‘li edi. U ham, otalari kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi. Shallun degan odam Zakariyoga qarshi fitna uyushtirdi. Shallun Yobosh deganning o‘g‘li edi. Hammaning oldida Zakariyoni o‘ldirib, o‘rniga o‘zi shoh bo‘ldi. Zakariyoning boshqa ishlari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Shunday qilib, Egamizning Yohuga: “Sening nasling to‘rtinchi avlodigacha Isroil taxtida o‘tiradi”, deb aytgan va’dasi amalga oshdi. Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga o‘ttiz to‘qqiz yil bo‘lganda, Shallun Isroil shohi bo‘ldi va Samariyada bir oy hukmronlik qildi. Manaxim degan odam Tirzadan Samariyaga kelib, Shallunga suiqasd uyushtirdi. Manaxim Gadi deganning o‘g‘li edi. Manaxim Shallunni o‘ldirib, o‘rniga o‘zi shoh bo‘ldi. Shallunning boshqa ishlari va u qilgan fitna haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. O‘shanda Tifsax aholisi taslim bo‘lmagani uchun, Manaxim Tirzadan tortib Tifsax shahri va uning atrofidagi qishloqlarni qirdi. Hatto homilador ayollarning qorinlarini yorib tashladi. Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga o‘ttiz to‘qqiz yil bo‘lganda, Manaxim Isroil shohi bo‘lgan va Samariyada o‘n yil hukmdorlik qilgan edi. U Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga umri bo‘yi ergashdi. Shundan keyin Ossuriya shohi Tig‘latpilasar Isroil yerlariga hujum qildi. “Tig‘latpilasar meni qo‘llab–quvvatlasin, o‘zim shoh bo‘lib qolay”, degan maqsadda Manaxim unga 2140 pud kumush berdi. Manaxim Isroildagi hamma boylarni odam boshiga ellik kumush tangadan to‘lashga majbur qilib, Ossuriya shohiga berilgan kumushning o‘rnini qopladi. Shundan so‘ng Ossuriya shohi Isroil yerlaridan chiqib, yurtiga qaytib ketdi. Manaximning boshqa ishlari, uning butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Manaxim olamdan o‘tgach, o‘rniga o‘g‘li Pakaxiyo shoh bo‘ldi. Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga ellik yil bo‘lganda, Pakaxiyo Samariyada Isroil shohi bo‘ldi va ikki yil hukmronlik qildi. Pakaxiyo Manaximning o‘g‘li edi. Pakaxiyo Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi. Pekax degan lashkarboshi Pakaxiyoga qarshi fitna uyushtirdi. Pekax Ramaliyo degan odamning o‘g‘li edi. Pekax yoniga Giladlik ellikta odamni olib, Samariyadagi shoh saroyining qal’asida Pakaxiyoni, Argob va Oreyni o‘ldirdi. Uning o‘rniga Pekaxning o‘zi shoh bo‘ldi. Pakaxiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga ellik ikki yil bo‘lganda, Pekax Samariyada Isroil shohi bo‘ldi va yigirma yil hukmronlik qildi. U Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi. Isroil shohi Pekax davrida Ossuriya shohi Tig‘latpilasar bostirib kelib, Isroilning Iyxon, Ovil–Bayt–Maxo, Yonox, Kedesh, Xazor shaharlari bilan birga Gilad, Jalila va butun Naftali hududlarini qo‘lga kiritdi hamda bu yerlardagi xalqni Ossuriyaga asir qilib olib ketdi. Yahudo shohi Yo‘tom hukmronligining yigirmanchi yilida Xo‘sheya Pekaxga fitna uyushtirib, uni o‘ldirdi va o‘rniga o‘zi shoh bo‘ldi. Xo‘sheya Elox deganning o‘g‘li edi. Pekaxning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Isroil shohi Pekax hukmronlik qilayotganiga ikki yil bo‘lganda, Yo‘tom Yahudo shohi bo‘ldi. Yo‘tom Uzziyoning o‘g‘li edi. Yo‘tom yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yerusha bo‘lib, u Zodo‘xning qizi edi. Yo‘tom, otasi Uzziyo kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Ammo sajdagohlar hamon yo‘q qilinmagan, xalq o‘sha sajdagohlarda qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Yo‘tom Egamiz uyining hovlisida Yuqori Darvozani qurdi. Yo‘tomning boshqa ishlari, butun faoliyati haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. O‘sha kunlarda Oram shohi Ratan bilan Isroil shohi Pekax Yahudoga hujum qilishlariga Egamiz yo‘l qo‘yib berdi. Yo‘tom olamdan o‘tib, bobosi Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Oxoz shoh bo‘ldi. Isroil shohi Pekax hukmronlik qilayotganiga o‘n yetti yil bo‘lganda, Oxoz Yahudo shohi bo‘ldi. Oxoz Yo‘tomning o‘g‘li edi. Oxoz yigirma yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. U bobosi Dovuddan namuna olmadi, Egasi Xudo oldida to‘g‘ri ishlar qilmay, Isroil shohlarining yo‘lidan ketdi. Kan’on yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, hatto o‘z o‘g‘lini olovda kuydirib qurbonlik qildi. Sajdagohlarda, do‘ngliklarda va har qanday yashil daraxt ostida qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Oram shohi Ratan bilan Isroil shohi Pekax Quddusni bosib olish uchun yurish qildilar. Shaharni qamal qilib tursalar–da, Oxozni yenga olmadilar. Shunda Oram shohi Ratan Elet shahrini olib, u yerdagi Yahudo xalqini haydab chiqardi. Eletga joylashgan Oram xalqi hozir ham o‘sha yerda istiqomat qiladilar. Oxoz Ossuriya shohi Tig‘latpilasarga: “Men sizga qaramman, qulingizman, keling, menga hujum qilayotgan Oram va Isroil shohlarining qo‘lidan meni qutqaring”, deb elchilar jo‘natdi. Egamizning uyidagi va shoh saroyining xazinalaridagi oltinu kumushlarni Ossuriya shohiga hadya qilib yubordi. Ossuriya shohi Oxozning iltimosiga rozi bo‘ldi. Damashqqa hujum qilib, bu shaharni bosib oldi. Shahar aholisini Xirga surib chiqardi va shoh Ratanni o‘ldirdi. Shoh Oxoz Ossuriya shohi Tig‘latpilasar bilan uchrashish uchun Damashqqa borganda, u yerdagi qurbongohni ko‘rdi. Qurbongohning rejasini hamma ikir–chikirlarigacha chizib, tayyorlab, ruhoniy Uriyoga yubordi. Shoh Oxoz Damashqdan qaytgunga qadar, ruhoniy Uriyo, u yuborganlari bo‘yicha, aynan o‘shanday qurbongoh qurdi. Shoh Damashqdan qaytgach, yangi qurbongohni ko‘rib, uning ustida qurbonliklar keltirish uchun bordi. Kuydiriladigan qurbonligini va don nazrini ado etdi, yangi qurbongoh ustiga sharob nazrini quydi, tinchlik qurbonligining qonini qurbongohga sepdi. Egamizga bag‘ishlangan oldingi bronza qurbongoh yangi qurbongoh bilan Egamizning uyi orasida edi. Oxoz bronza qurbongohni bir chetga — o‘zi qurgan yangi qurbongohning shimol tomoniga ko‘chirtirib tashladi. So‘ngra shoh Oxoz ruhoniy Uriyoga shunday farmon berdi: “Ertalabki kuydiriladigan qurbonlik bilan kechqurungi don nazrini, shohning kuydiriladigan qurbonligini va uning don nazrini, bundan tashqari, yurt xalqining kuydiriladigan qurbonligini, don nazrini va sharob nazrini mana shu katta qurbongoh ustida ado et. Kuydiriladigan qurbonlik bilan boshqa qurbonliklarning qonini shu qurbongohga sep. Kelajakda nima bo‘lishi menga ayon bo‘lishi uchun esa bronza qurbongohni saqla.” Ruhoniy Uriyo shoh Oxozning hamma farmonini bajardi. [17-18] Shoh Oxoz Ossuriya shohini mamnun qilish uchun quyidagi ishlarni qildi: Xudoning uyidagi aravalarning yon to‘siqlarini ko‘chirtirib tashladi, bularning ustidagi tog‘oralarni ham oldirdi. Bronzadan qilingan buqalarning ustidan hovuzni olib, toshdan yasalgan to‘shama ustiga joylashtirdi. Egamizning uyi ichkarisida qurilgan va Shabbat kuni shoh foydalanadigan joyni, shoh tashqaridan kiradigan yo‘lakni oldirib tashladi. *** Oxozning boshqa ishlari “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Oxoz olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Hizqiyo shoh bo‘ldi. Yahudo shohi Oxoz hukmronlik qilayotganiga o‘n ikki yil bo‘lganda, Xo‘sheya Samariyada Isroil shohi bo‘ldi va to‘qqiz yil hukmdorlik qildi. Xo‘sheya Eloxning o‘g‘li edi. U Egamiz oldida qabih ishlar qilgan bo‘lsa ham, o‘zidan oldin o‘tgan Isroil shohlari qadar emasdi. Ossuriya shohi Shalmanasar Xo‘sheyaga qarshi urush ochdi. Xo‘sheya taslim bo‘lib, Shalmanasarga o‘lpon to‘lay boshladi. Lekin keyinroq Xo‘sheya Misr fir’avni So‘vaxdan yordam so‘rab xabarchilar jo‘natdi va Ossuriya shohiga har yili to‘lashi kerak bo‘lgan o‘lponni to‘lamay qo‘ydi. Xo‘sheyaning xoinlik qilganini Ossuriya shohi bilib qoldi, shuning uchun uni tutib, zindonga tashladi. Shalmanasar Isroil yerlariga hujum qilib, Samariyani uch yil qamal qilib turdi. Xo‘sheya to‘qqizinchi yili shohlik qilayotganda, Ossuriya shohi Samariyani qo‘lga kiritib, Isroil xalqini Ossuriyaga ko‘chirdi. Ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi bo‘yidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi. Isroil xalqi o‘zlarini Misr fir’avni hukmronligidan xalos qilib, Misrdan olib chiqqan Egasi Xudoga qarshi gunoh qilgan edilar. Ularning boshiga kelgan jamiki g‘am–kulfatlarning sababi shu edi. O‘sha paytlarda Isroil xalqi begona xudolarga sajda qilishar, Kan’on yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning odatlariga va Isroil shohlari o‘zlaricha joriy qilgan odatlarga binoan yashardilar. O‘zlarining Egasi Xudoga ma’qul kelmaydigan ishlarni xuddi Xudodan yashirganday xufyona qilardilar. Hamma yerda — qishloqlardan tortib mustahkam shahargacha bo‘lgan joylarda sajdagohlar qurgan edilar. Har bir tepalikning ustiga, har bir yashil daraxtning ostiga butsimon toshlarni, Asheraga atab ustunlar o‘rnatgan edilar. Kan’on yurtidan Egamiz quvib yuborgan xalqlar singari, Isroil xalqi hamma sajdagohlarda qurbonliklar qilishardi. Ular qabih ishlari bilan Egamizni g‘azablantirardilar. Egamiz: “Bunday ishlarni qilmanglar”, deb aytganiga qaramasdan, butlarga xizmat qilaverardilar. Egamiz Isroil va Yahudo xalqini hamma payg‘ambarlar, valiylar orqali ogohlantirib, ularga shunday amr bergan edi: “Qabih yo‘llaringizdan qaytinglar. Mening amrlarimga, farmonlarimga itoat etinglar! Men hamma qonunlarimni ota–bobolaringizga berganman, qullarim — payg‘ambarlar orqali sizlarga yuborganman.” Ammo Isroil xalqi quloq solmasdi. Otalari kabi o‘zlarining Egasi Xudoga qarshi isyon qilib, o‘jarlik qilaverardilar. Egamizning farmonlaridan, ogohlantirishlaridan va otalari bilan qilgan ahdidan yuz o‘girib, betayin xudolarga sajda qilgani uchun o‘zlari ham betayin bo‘lib qolgandilar. Egamiz: “Atrofingizdagi xalqlarga o‘xshab yashamanglar”, deb ularga amr bersa ham, o‘sha xalqlarning odatlariga ko‘ra yashayverardilar. Isroil xalqi o‘zlarining Egasi Xudoning hamma amrlaridan yuz o‘girgandilar. Ular topingani ikkita buzoq tasvirini va Asheraning ustunini yasadilar. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib, Baalga xizmat etardilar. O‘g‘illarini, qizlarini olovda kuydirib qurbonlik qilardilar, fol ochtirib, ta’birchilarga e’tiqod qilardilar. Egamiz oldida qabih ishlarga mukkasidan ketib, Egamizni g‘azablantiraverdilar. Egamiz Isroil xalqidan qattiq g‘azablanib, ularni O‘zining huzuridan chiqarib tashlagandi. Yahudo xalqidan tashqari bironta qabila Egamizning huzurida qolmagan edi. Hatto Yahudo xalqi ham o‘zlarining Egasi Xudoning amrlariga rioya qilmay qo‘ygandi. Ular Isroil xalqi joriy qilgan qabih yo‘ldan ketdilar. Oqibatda Egamiz Isroilning hamma qavmidan yuz o‘girdi. Ularni talonchilarning qo‘liga berib, jazoladi. Oxiri, hammasini huzuridan uloqtirib tashladi. Darvoqe, Egamiz Dovud xonadonidan Isroilni tortib olgandan keyin, Isroil xalqi Nabat o‘g‘li Yeribomni shoh qilgan edi. Yeribom Isroil xalqini Egamizning yo‘lidan ozdirib, og‘ir gunohga botirdi. Isroil xalqi Yeribom qilgan hamma gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi. Natijada Egamiz payg‘ambar qullari orqali aytganiday, Isroil xalqini O‘z huzuridan quvgan va Isroil xalqi o‘z yurtlaridan Ossuriyaga surgun qilingan edilar. Ular hozirgacha o‘sha yerda yashaydilar. Bobildan, Go‘sax, Ivvax va Sefarvayim shaharlaridan Ossuriya shohi odamlar olib kelib, Samariya shaharlarida Isroil xalqi o‘rniga joylashtirdi. Ular Samariyani egallab, Samariya shaharlarida istiqomat qila boshladilar. Ular bu joylarga dastlab o‘rnashganlarida Egamizga sajda qilmadilar. Shuning uchun Egamiz Samariya shaharlariga arslonlar yubordi. Arslonlar o‘sha xalqlardan ba’zi odamlarni o‘ldirdi. So‘ngra Ossuriya shohiga quyidagicha xabar jo‘natildi: “Siz Samariya shaharlariga ko‘chirib kelib o‘rnashtirgan xalqlar bu yurtning xudosi qonun–qoidalarini bilmayaptilar. Shuning uchun o‘sha xudo bu yerga arslonlar yuboryapti, odamlar esa arslonlarga yem bo‘lyapti.” Shundan keyin Ossuriya shohi quyidagicha farmon berdi: “Samariyadan ko‘chirib yuborilgan ruhoniylardan birortasini o‘sha yerga qaytarib olib boringlar. Ruhoniy o‘sha yurtga borib yashasin va Samariyaning xudosi qonun–qoidalarini o‘sha yerdagi xalqlarga o‘rgatsin.” Samariyadan ko‘chirib yuborilgan ruhoniylardan biri qaytib kelib, Baytilda istiqomat qila boshladi. U o‘sha yerda o‘rnashgan xalqlarga Egamizga qanday sajda qilishni o‘rgatishga kirishdi. Lekin Samariya shaharlariga joylashgan har bir xalq o‘z xudolarining tasvirini yasayverdilar. Isroil xalqi Samariyada yashaganda barpo qilgan sajdagohlarga o‘sha xudolarning tasvirini qo‘ydilar. Bobilliklar xudo Suxo‘tvano‘tning, Xutliklar xudo Nargalning, Xomatliklar xudo Oshimaning, Ivvaxliklar esa xudo Nivxaz va Tartoqning tasvirlarini yasab, o‘sha xudolarga sajda qildilar. Sefarvayimliklar o‘zlarining xudolari Odrammalek va Anammalekka bolalarini kuydirib qurbonlik qildilar. Ular ham Egamizga sajda qildilar, ayni paytda begona xudolarning sajdagohlarida xizmat qilish uchun oralaridan ruhoniylar ham saylab oldilar. Ular Egamizga sajda qilish bilan birga, oralaridan ko‘chib kelgan xalqlarning odatlariga muvofiq o‘zlarining xudolariga ham xizmat qilaverdilar. O‘sha xalqlar bugungacha eski odatlari bo‘yicha yashab keladilar: na Egamizdan qo‘rqadilar, na Egamiz Isroil otini bergan odam — Yoqubning o‘g‘illariga qilgan farmonlarga, qoidalarga, qonun va amrlarga itoat etadilar. Zotan, Egamiz Yoqub o‘g‘illari bilan ahd tuzib, shunday amr etgan edi: “Begona xudolarga sajda qilmanglar, ta’zim qilmanglar, u xudolarga xizmat qilmanglar, qurbonlik qilmanglar. Faqat buyuk qudrati va ajoyibotlari bilan sizlarni Misrdan olib chiqqan Men, Egangizga sajda qilinglar. Menga ta’zim qilib, qurbonlik keltiringlar. Sizlar uchun yozgan farmonlarimni, qoidalarimni, qonunlarimni va amrlarimni to abad ijro etinglar va begona xudolarga sajda qilmanglar. Sizlar bilan tuzgan ahdimni unutmanglar, begona xudolarga sajda qilmanglar. Faqat Men, Egangiz Xudoga sajda qilinglar. Shunda Men sizlarni hamma g‘animlaringiz qo‘lidan xalos qilaman.” Samariyaga o‘rnashgan xalqlar esa Egamizning amrlariga quloq solmasdan ilgarigi odatlariga ko‘ra yashayverdilar. Bu xalqlar bir paytning o‘zida ham Egamizga sajda qilar, ham o‘yib ishlangan tasvirlarga xizmat qilardilar. Ularning bolalari va nabiralari ham bugungacha otalari kabi yashaydilar. Isroil shohi Xo‘sheya hukmronlik qilayotganiga uch yil bo‘lganda, Hizqiyo Yahudo hukmdori bo‘ldi. Hizqiyo Oxozning o‘g‘li edi. Hizqiyo yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma to‘qqiz yil shohlik qildi. Onasining ismi Abiyo bo‘lib, Zakariyo degan odamning qizi edi. Hizqiyo, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. U sajdagohlarni yo‘qotdi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning ustunlarini kesdi. Muso bronzadan yasagan Naxushton nomli ilon tasvirini ham sindirdi. Chunki Isroil xalqi o‘sha kungacha bronza ilon tasviriga qurbonlik keltirardi. Hizqiyo Isroil xalqining Xudosi — Egamizga ishonardi. Hizqiyogacha ham, undan keyin ham Yahudo shohlari orasida unga o‘xshagani bo‘lmadi. Hizqiyo Egamizga nihoyatda sodiq bo‘lib, Uning yo‘llaridan ozmadi. Egamiz Musoga bergan amrlarni ijro etdi. Egamiz Hizqiyo bilan bo‘ldi. Hizqiyo nima ish qilmasin, Egamiz uni barakali qildi. U Ossuriya shohiga itoat qilmay, unga qarshi bosh ko‘tardi. Hamma joyda — G‘azo va uning atroflarigacha, qishloqlardan tortib mustahkam shahargacha bo‘lgan joylarda Filistlarni mag‘lub qildi. Hizqiyo shohligining to‘rtinchi yilida Ossuriya shohi Shalmanasar Samariyaga hujum qilib, qamal qildi. Bu paytda Isroil shohi Xo‘sheya yettinchi yil shohlik qilayotgan edi. Qamalning uchinchi yilida Samariya quladi. Hizqiyo hukmronligining oltinchi yilida va Isroil shohi Xo‘sheya hukmronligining to‘qqizinchi yilida Shalmanasar Samariyani oldi. Ossuriya shohi Isroil xalqini Ossuriyaga ko‘chirib, ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi bo‘yidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi. Ular o‘zlarining Egasi Xudoning amriga quloq solmaganlari uchun, Uning ahdini buzganlari uchun, Egamizning quli Musoning hamma amrlariga quloq solmay, ijro etmaganlari uchun shu hodisalar yuz berdi. Hizqiyo shohligining o‘n to‘rtinchi yilida, Ossuriya shohi Sanxariv Yahudoning hamma mustahkam shaharlariga hujum qilib, bosib oldi. Yahudo shohi Hizqiyo Laxish shahrida turgan Ossuriya shohiga shunday xabar yubordi: “Men aybdorman, mening yurtimdan keting, nimani talab qilsangiz, rozi bo‘laman.” Ossuriya shohi Yahudo shohi Hizqiyoga 640 pud kumush va 64 pud oltinni o‘lpon qilib to‘lashga majbur qildi. Hizqiyo hamma kumushni Egamizning uyidan va shoh saroyining xazinalaridan topib, unga berdi. Hizqiyo yana Egamizning uyi eshiklari bilan eshik kesakilari ustiga ilgari o‘zi qoplatgan oltin qoplamalarni ham chiqarib olib, Ossuriya shohiga berdi. Keyin Ossuriya shohi o‘zining bosh qo‘mondoni, bosh vaziri va mulozimi boshchiligida katta lashkarni Laxishdan Quddusga, shoh Hizqiyoning ustiga safarbar qildi. Lashkar Quddusga borayotib, Yuqori Hovuz arig‘i yonida to‘xtadi. Bu ariq kir yuvuvchining dalasiga boradigan yo‘l yonida edi. Ular shoh Hizqiyoga xabarchi yuborgan edilar, Xilqiyo o‘g‘li — bosh vazir Eliyaqim, kotib Shavna va Osif o‘g‘li — mushovir Yo‘x Ossuriyaliklarning yoniga bordilar. Mulozim ularga shunday dedi: “Ulug‘ Ossuriya shohining shu gaplarini Hizqiyoga yetkazing: ‘Nimangga ishonyapsan o‘zi? Harbiy mahoratingdan va kuch–qudratingdan gapiryapsan, lekin bular quruq gaplar–ku. Kimingga ishonib menga itoat etmayapsan? Ha, sen Misrga ishonyapsan. Lekin Misr yoriq qamishdan qilingan hassaga o‘xshaydi–ku. Unga suyansang, qo‘lingga sanchiladi. Misr fir’avni unga ishonganlar uchun o‘sha yoriq qamishdir. Balki menga: «Biz Egamiz Xudoga ishonamiz», deb aytarsizlar. Ha, Hizqiyo Yahudo xalqi va Quddusliklarga: «Faqat Quddusda, shu qurbongohning oldida sajda qilinglar», deb aytgan. Lekin u yo‘q qilgan sajdagohlar va qurbongohlar Egangizniki emasmidi?!’ Kelinglar, janobi oliylari Ossuriya shohi nomidan sizlar bilan garov o‘ynaymiz. Sizlarga ikki mingta ot bersak, otlarni mina oladigan odamlar topa olasizlarmi?! Misrning jang aravalari va otliqlari yordami bilan ham janobi oliylarining eng zaif lashkarboshisini yenga olarmidilaring?! Qolaversa, bizni Egangizning xohishisiz bu yerni vayron qilishga kelgan, deb o‘ylayapsizlarmi? Egangizning O‘zi bizga: ‘Bu yurtga borib, u yerni vayron qil’, deb amr bergan–ku!” Eliyaqim, Shavna va Yo‘x mulozimga aytdilar: — Bu qullaringga oramiycha gapiraver, oramiychani tushunamiz. Ibroniycha gapirma. Devor ustidagilar bizning gapimizni eshitib qoladi. Shunda mulozim: — Janobi oliylari bu so‘zlarni faqat hukmdoringizga va sizlarga gapirsin, deb meni yuboribdimi?! — deb javob berdi. — Devor ustida to‘plangan odamlarga ham gapiryapman–da. Ular ham, sizlar kabi, tezaklarini yeb, siydiklarini ichishga giriftor qilingan. So‘ngra u tik turib, baland ovoz bilan ibroniycha gapirdi: “Ulug‘ Ossuriya shohining gaplarini eshiting! Shoh hazratlari shunday aytmoqda: ‘Hizqiyo sizlarni yo‘ldan urmasin. U sizlarni mening qo‘limdan qutqara olmaydi. Hizqiyo: «Egamiz bizni albatta qutqaradi, bu shahar Ossuriya shohi qo‘liga berilmaydi», deb sizlarni Egangizdan umidvor qilmasin.’ Hizqiyoga itoat qilmanglar. Chunki Ossuriya shohi aytmoqda: ‘Men bilan sulh tuzib, mening oldimga chiqinglar. Shunda har kim o‘z uzumzori hosilidan va anjir daraxti mevasidan tanovul qilishiga, o‘z sardobasidan suv ichishiga ijozat beriladi. So‘ngra men sizlarni o‘z o‘lkangizga o‘xshagan bir yurtga olib boraman. U joy bug‘doy, sharob, non, uzum, zaytun moyi va asal yurtidir. O‘limni emas, hayotni tanlanglar. «Egamiz bizni qutqaradi», deb sizlarni aldamoqchi bo‘lgan Hizqiyoga quloq solmanglar. Qaysi xalqning xudosi o‘z yurtini Men, Ossuriya shohining qo‘lidan qutqaribdi?! Xomat bilan Arpadning xudolari qani? Sefarvayim, Xana va Ivvaxning xudolari qani? Ular Samariyani mening qo‘limdan qutqara olmadilar–ku! Jamiki xalqlarning xudolaridan qaysi biri o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqaribdiki, Egangiz Quddusni qutqara olsa?!’” Xalq jim qoldi, birontasi ham javob bermadi. Chunki shoh Hizqiyo: “Uning gapiga javob qaytarmanglar”, deb farmon bergan edi. Shundan keyin bosh vazir Eliyaqim, kotib Shavna va mushovir Yo‘x qayg‘udan liboslarini yirtib, Hizqiyoning oldiga keldilar–da, Ossuriya shohi mulozimining gaplarini Hizqiyoga aytib berdilar. Shoh Hizqiyo yuz bergan voqealarni eshitgach, qayg‘udan liboslarini yirtib, qanorga o‘ranib, Egamizning uyiga bordi. Bosh vazir Eliyaqimni, kotib Shavnani va oqsoqol ruhoniylarni Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambar huzuriga yubordi. Hammalari qanorga o‘ranib olgan edilar. Ular Ishayoning huzuriga borib, shunday dedilar: — Hizqiyo aytyaptiki: “Bugun jafo chekyapmiz, jazo olyapmiz, sharmanda bo‘lyapmiz. Biz ko‘zi yoriyotgan, lekin tug‘ish uchun madori qolmagan ayolga o‘xshaymiz. Barhayot Xudoni tahqirlash uchun Ossuriya shohi o‘zining mulozimini yuboribdi. Mulozimning so‘zlarini koshkiydi Egangiz Xudo eshitsa–yu, o‘sha so‘zlari uchun ularni jazolasa. Endi qolganlar uchun iltijo qil.” Shoh Hizqiyoning a’yonlari Ishayo huzuriga kelgach, Ishayo ularga shunday dedi: — Shohingizga shu gaplarni yetkazinglar: “ Egamiz shunday aytmoqda: ‘Ossuriya shohining qullari Meni haqoratlab aytgan so‘zlardan qo‘rqma. Uning ichiga bir ruh yuborganimdan keyin, u bir mish–mishni eshitib, o‘z yurtiga qaytib ketadi. Unga o‘z yurtida ajal keltiraman.’” Ossuriya shohi Sanxarivning Laxish shahridan qaytib ketganini eshitib, shohning mulozimi ham orqasiga qaytdi. Shohni Libna shahriga qarshi urishayotgan yerida topdi. [9-10] Sanxariv: “Habashiston shohi Tirxoqo sen bilan urush qilgani otlandi” degan xabarni eshitdi. U Habashistonga qarshi jang boshlashdan oldin Yahudo shohi Hizqiyoga yana odamlari orqali shu gapni yetkazdi: “Umid qilgan xudoying: ‘Quddus Ossuriya shohiga taslim bo‘lmaydi’, deb seni aldamasin. *** Ossuriya shohlari butun yurtlarni yer bilan yakson qilib, ularni qanday ahvolga solganini eshitgansan. Endi sen qutulib qolmoqchi bo‘lyapsanmi?! Otalarim qancha xalqlarni xonavayron qilgan edi, lekin ularni xudolari saqlab qolmadi–ku! Gozan, Xoron, Razaf aholisini, Talassarda yashagan Eden xalqlarini o‘zlarining xudolari saqlab qola oldimi?! Qani, ayt–chi, Xomat shahrining shohi qani endi?! Arpad, Sefarvayim, Xana, Ivvax shaharlarining shohlari qayerda?!” Hizqiyo xabarchilarning qo‘lidan maktubni olib o‘qigach, Egamizning uyiga kirdi. Maktubni Egamizning oldida ochib, yerga yoydi va yolvorib ibodat qildi: “Ey, ikki karub orasida taxt qurgan Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Butun yer yuzidagi shohliklarning tanho Xudosi Sensan. Osmonni va yerni Sen yaratgansan. Ey, Egam! Quloq solib, eshit, ko‘zlaringni ochib, qara. Sanxariv nimalar aytganini, u barhayot Xudoni qanday haqoratlaganini bilib qo‘y. Ey, Egamiz! Biz bilamizki, Ossuriya shohlari bir qancha xalqlarni va ularning yurtlarini vayron qilganlar. O‘sha xalqlarning xudolarini olovda yoqib, yo‘q qilganlar. Chunki o‘sha narsalar xudolar emas, balki inson qo‘li bilan yog‘ochdan, toshdan yasalgan narsalar edi. Ey, Egamiz Xudo! Endi Sen bizni Sanxarivning qo‘lidan qutqargin, toki butun yer yuzidagi shohliklar Sening tanho Xudo ekaningni bilishsin, ey, Egamiz!” Hizqiyoga Ishayo payg‘ambar shunday xabar yubordi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: ‘Ossuriya shohi Sanxariv haqida qilgan iltijolaringni eshitdim.’ Egamiz unga qarshi shu so‘zlarni menga ayon qildi: ‘Bokira qiz Quddus sendan nafratlanar, Ustingdan kular. Qiz Quddus orqangdan masxara qilar, Boshini chayqar. Kimni haqorat qilding o‘zi? Kimni tahqirlading? Kimga qo‘rs gapirding? Kiborlarcha boqding, hey? Isroilning haqiqiy Xudosiga! Xabarchilaring orqali Men, Rabbiyni haqorat qilding. O‘zing haqingda aytdingki: « Jang aravalari bilan Zabt etdim tog‘ cho‘qqilarini. Yetib bordim Lubnondagi inson qadami yetmagan joylarga. Qo‘pordim eng baland sadr daraxtlarini, Ham eng sara sarv daraxtlarini. Yetib bordim Lubnonning eng kimsasiz maskanlariga, Hatto o‘rmondagi eng qalin daraxtzorlariga. Begona yurtlarda quduqlar qazidim, Suvlaridan shimirdim, chanqog‘im qondi. Quritdim Misrning hamma daryolarin Oyog‘im kafti bilan.» Eshitmaganmisan, ey, Sanxariv, Ancha oldin mo‘ljallab qo‘ygan edim buni. Azaldan reja qilgan edim buni. Endi amalga oshirdim buni. Vayronaga aylantirgizdim Mustahkam shaharlarini. Qo‘l, qanoti qirqildi shahar ahlining. Vahimaga tushib, bo‘ldilar sharmanda. Dalada o‘sgan o‘tga, Yangi maysalarga, Tomlarda o‘sgan maysalarga o‘xshab, O‘smasdan oldin qurib qoldilar. Lekin seni bilaman: qanday o‘tirasan, Qachon kelib, qachon ketasan. Bilaman: Mendan g‘azabdasan. Mendan g‘azablangan eding, Manmanliging yetib keldi qulog‘imga, shu bois O‘tkazaman burningdan halqamni, Og‘zingdan suvlig‘imni. Qaytarib olib keturman seni Kelgan yo‘lingdan.’ Sen uchun alomat shu bo‘ladi, ey, Hizqiyo: bu yil o‘zicha o‘sib chiqib pishgan narsani tanovul qilasizlar, ikkinchi yil — o‘rnidan o‘sib chiqqanini. Uchinchi yil urug‘ ekib hosil o‘rasiz, uzumzorlar barpo qilib, mevasin tanovul qilasiz. Yahudo xalqining qutulib qolganlari yana quyiga ildiz otajak va yuqorida meva berajak. Xalqning qolgani Quddusdan kelar, qutulganlari — Sion tog‘idan. Sarvari Olam buning yuz berishini qat’iy qilib qo‘ygan. Ossuriya shohi to‘g‘risida Egamiz shunday aytmoqda: ‘Sanxariv bu shaharga kirolmas, o‘qlar otolmas, shaharga yaqinlashmas qalqoni bilan, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydirmas. Kelgan yo‘lidan qaytib ketar, shaharga kirmas, — deb aytmoqda Egamiz. — O‘zim uchun, qulim Dovudning haqi–hurmati uchun bu shaharni saqlayman, qo‘riqlayman.’” O‘sha kechasi Egamizning farishtasi Ossuriyaliklarning qarorgohiga borib, 185.000 kishini o‘ldirdi. Ertasiga uyg‘onib qarasalar, qarorgoh jasadga to‘lib ketibdi. Ossuriya shohi Sanxariv qarorgohni tashlab, orqaga qaytdi. Naynavoga kelib, o‘sha yerda to‘xtadi. Sanxariv o‘z xudosi Nisroxning uyida sajda qilayotganda, o‘g‘illaridan Odrammalek bilan Sarizar unga bir qilich urgan edilar, u o‘ldi. Ikkovi ham Ararat yurtiga qochib ketdi. Sanxarivning o‘rniga o‘g‘li Isarxaddo‘n shoh bo‘ldi. O‘sha kunlari Hizqiyo qattiq kasal bo‘lib qoldi. Ishayo payg‘ambar uning huzuriga kelib, shunday dedi: “ Egamiz shunday aytmoqda: ‘Tayyorgarligingni ko‘rib qo‘yaver, tuzalmaysan endi, o‘lasan.’” Hizqiyo yuzini devorga burib, Egamizga yolvordi: “Ey, Egam! Chin qalbimdan Senga sodiq bo‘lib, yo‘llaringdan yurganimni va oldingda to‘g‘ri ishlar qilganimni esla.” Shunday deb achchiq–achchiq yig‘ladi. Ishayo saroyning ichkari hovlisidan chiqib ulgurmagan ham ediki, Egamiz unga quyidagi so‘zlarini ayon qildi: “Orqangga qaytib borib, xalqimning hukmdori Hizqiyoga shu xabarni yetkaz: ‘Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: «Iltijolaringni eshitdim, ko‘z yoshlaringni ko‘rdim. Senga sog‘ligingni qaytaraman. Uchinchi kuni Mening uyimga chiqasan. Umringni yana o‘n besh yilga uzaytiraman. O‘zingni va bu shaharni Ossuriya shohining qo‘lidan xalos qilaman. O‘zim uchun va qulim Dovudning haqi–hurmati uchun bu shaharni muhofaza qilaman».’” Shundan keyin Ishayo: “Anjir shirasi keltiringlar, shirani olib kelgach, yaraning ustiga qo‘yinglar, shunda Hizqiyo sog‘ayadi”, dedi. Hizqiyo Ishayodan: — Egamiz meni sog‘aytirgandan keyin, uchinchi kuni Egamizning uyiga chiqar ekanman, buning alomatini nima isbotlaydi? — deb so‘radi. Ishayo shunday javob berdi: — Egamiz bergan va’dasini bajarishini isbotlab, senga alomat ko‘rsatadi. Soya Oxozning zinapoyasidan o‘n qadam oldinga ketsinmi yoki o‘n qadam orqaga surilsinmi? — Soya zinapoyadan o‘n qadam ilgari ketmog‘i odatdagi holdir, shuning uchun o‘n qadam orqaga surilsin, — dedi Hizqiyo. Payg‘ambar Ishayo Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz soyani Oxozning zinapoyasidan o‘n qadam orqaga surdi. O‘sha paytda Hizqiyoning xastaligini eshitgan Bobil shohi Marduxbaladon, unga maktub bilan birga hadyalar ham jo‘natdi. Marduxbaladon Baladon deganning o‘g‘li edi. Hizqiyo elchilarni qabul qildi. Xazinasidagi bor narsa — omborlardagi hamma qimmatbaho ashyolarini, oltinni, kumushni, xushbo‘y hidli ziravorlarni va moylarni, qurol–yarog‘ omborini, omborlaridagi hamma narsalarni ularga ko‘rsatdi. Hizqiyo saroyidagi va o‘z hukmronligi ostidagi yerlarda bor bo‘lgan hamma narsani elchilarga ko‘rsatdi. Ishayo payg‘ambar shoh Hizqiyoning huzuriga kelib: — Bu odamlar qayerdan kelibdilar? Senga nima dedilar? — deb so‘radi. — Uzoq bir yurtdan, Bobildan kelibdilar — deb javob berdi Hizqiyo. Ular saroyingda nimani ko‘rdilar? — deb so‘radi Ishayo. — Saroyimdagi hamma narsani ko‘rdilar, — deya javob berdi Hizqiyo. — Xazinalarimda men ularga ko‘rsatmagan hech narsa qolmadi. Shunda Ishayo aytdi: — Endi Egamizning so‘ziga quloq sol. Egamiz aytmoqdaki: “Bir kun kelib, saroyingdagi hamma narsa, ota–bobolaringning bugungacha to‘plab qoldirganlari Bobilga tashib ketiladi. Hech narsa qolmaydi. Sening pushti–kamaringdan bo‘lgan o‘g‘illaringdan ba’zilari ham olib ketiladi, ular Bobil shohining saroyida bichilgan qul bo‘ladi.” Hizqiyo Ishayoga: — Egamiz sen orqali aytgan so‘zlar xosiyatlidir, — dedi–da, ichida: “Nima bo‘lgandayam, umrim oxirigacha tinch, xotirjam yashar ekanman–ku”, deb o‘yladi. Hizqiyoning boshqa ishlari, qahramonliklari, hovuz va quvur qazib, qanday qilib shaharga suv keltirgani to‘g‘risida “ Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Hizqiyo olamdan o‘tgach, o‘rniga o‘g‘li Manashe shoh bo‘ldi. Manashe o‘n ikki yoshida shoh bo‘lib, Quddusda ellik besh yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Xafzibo edi. U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Egamiz xalqi Isroilning oldidan quvib yuborgan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashdi. Otasi Hizqiyo yo‘q qilgan sajdagohlarni qaytadan barpo etdi. U Isroil shohi Axab kabi, Baalga atab qurbongohlar qurdi, Asheraning ustunini o‘rnatdi. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib xizmat etdi. Manashe Egamizning ulug‘lanishi kerak bo‘lgan uyida begona xudolarga atab qurbongohlar qurdi. Egamiz uyining ikkala hovlisida ham jamiki samoviy jismlarga sajda qilish uchun qurbongohlar barpo qildirdi. O‘g‘lini olovda kuydirib qurbonlik qildi, follar ochtirdi, ta’birchilarga e’tiqod qildi, arvoh chaqiruvchilarga maslahat soldi. Egamiz oldida ko‘p qabih ishlar qilib, Uni g‘azablantirdi. Manashe Asheraga atab o‘yib ishlangan ustunni Egamizning uyiga qo‘ydi. Egamiz bu uy to‘g‘risida Dovud bilan uning o‘g‘li Sulaymonga shunday degan edi: “Men bu uyni va Quddusni Isroil qavmlari yashaydigan maskanlar orasidan tanlab olganman. Men to abad o‘sha yerda ulug‘lanaman. Ular amrlarimni ado etsalar, qulim Muso amr etgan hamma qonunlarga rioya qilsalar, Isroil xalqining ota–bobolariga Men bergan yerdan ular haydalishiga yo‘l qo‘ymayman.” Ammo xalq quloq solmadi. Manashe xalqni shu qadar yo‘ldan ozdirdiki, Kan’on yurtidan Egamiz yo‘qotib yuborgan xalqlardan ham ko‘ra, ko‘proq qabih ishlar qildilar. Egamiz O‘z qullari — payg‘ambarlar orqali shunday dedi: [11-12] — Yahudo shohi Manashe jirkanch ishlar qilgani, o‘zidan oldingi Amor xalqlaridan ham battar qabihliklar qilgani, butlar yasab, Yahudo xalqini gunohga botirgani uchun Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz aytmoqdaman: “Quddusning va Yahudo xalqining boshiga shunday falokat keltiramanki, bu falokatni eshitganlarning boshidan hushi uchadi. *** Samariyaga qarshi ishlatgan o‘lchov ipini va Axabning xonadoniga qarshi ishlatgan shoqulni Quddusga qarshi ishlataman. Bir odam kosasini qanday artib tozalab, to‘nkarib qo‘ysa, Quddusni ham kosaga o‘xshatib top–toza qilib yo‘q qilib yuboraman. Merosim — Isroil xalqining qolganlaridan yuz o‘giraman va g‘animlarining qo‘liga taslim ettiraman. G‘animlar Quddus aholisini talon–taroj qiladi, o‘lja qilib olib ketadi. Chunki ular oldimda qabih ishlar qildilar. Ota–bobolari Misrdan chiqqan kundan bugungacha bu xalq Meni g‘azablantirib keladilar.” Manashe shunchalik ko‘p aybsiz qon to‘kdiki, Quddusni bu boshidan narigi boshigacha qonga botirdi. Qon to‘kishdan tashqari, Yahudo xalqini gunohga botirdi, ular Egamiz oldida qabihliklar qildilar. Manashening boshqa ishlari, butun faoliyati, qilgan gunohlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Manashe olamdan o‘tdi va saroyidagi Uzzo degan boqqa dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Omon shoh bo‘ldi. Omon shoh bo‘lganda yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda ikki yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Mashullamot bo‘lib, Yotbaxlik Xoruzning qizi edi. Omon ham, otasi Manashe kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Xuddi otasi yurgan yo‘llardan yurib, o‘sha butlarga xizmat etib, sajda qildi. Ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz o‘girib, Uning yo‘lidan yurmadi. Shoh Omonning a’yonlari fitna uyushtirib uni o‘z saroyida o‘ldirdilar. Yahudo xalqi o‘z shohi Omonga fitna uyushtirganlarning hammasini o‘ldirib, o‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyoni shoh qilib ko‘tardilar. Omonning boshqa ishlari “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Omon Uzzo bog‘ida ota–bobolari xilxonasiga dafn etildi. Uning o‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyo shoh bo‘ldi. Yo‘shiyo sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘ttiz bir yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yodido bo‘lib, Bozxatlik Odayoning qizi edi. Yo‘shiyo Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. O‘ngga ham, chapga ham og‘masdan, bobosi Dovudning yo‘lidan yurdi. Yo‘shiyoning Shofon degan kotibi bor edi. Shofon Mashullom degan odamning nabirasi, Ozaliyo deganning o‘g‘li edi. Yo‘shiyo o‘z shohligining o‘n sakkizinchi yilida Shofonni Egamizning uyiga yuborayotib, unga shu gaplarni aytdi: “ Oliy ruhoniy Xilqiyoning huzuriga bor. Darvozabonlar xalqdan to‘plab, Egamizning uyiga keltirgan kumushlarni u hisoblab chiqsin. [5-6] So‘ngra kumushlarni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga bersin. Ishboshilar esa kumushlarni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni tuzatayotganlarga, duradgorlarga, binokorlarga, tosh teruvchilarga bersinlar. Uyning tuzatilishi uchun lozim bo‘lgan yog‘ochni, yo‘nilgan toshni ham o‘sha kumushga sotib olishsin. *** Ularga berilgan kumushning hisobi so‘ralmasin, chunki ular halol ishlashyapti.” Oliy ruhoniy Xilqiyo kotib Shofonga: “Egamizning uyidan Tavrot kitobi topib oldim”, deb kitobni Shofonga berdi. Shofon kitobni o‘qidi. Keyin shohning huzuriga borib: “Xizmatkorlaringiz Egamizning uyidagi kumushlarni olib, o‘sha yerdagi ishboshilarga berdilar”, deb hisobot berdi. Keyin u shohga: “Ruhoniy Xilqiyo menga kitob berdi”, dedi–da, ovoz chiqarib shohga kitobni o‘qib berdi. Shoh Tavrotda yozilgan so‘zlarni eshitgach, qayg‘udan liboslarini yirtib tashladi. Keyin ruhoniy Xilqiyoga, Shofon o‘g‘li Oxixamga, Mixiyo o‘g‘li Axborga, kotib Shofonga va o‘zining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi: “Boringlar, topilgan bu kitobdagi so‘zlarga muvofiq, men to‘g‘rimda ham, butun Yahudo xalqi to‘g‘risida ham Egamizning xohish–irodasini bilinglar. Otalarimiz bu kitobdagi so‘zlarga quloq solmaganlari, hammamiz uchun yozilgan bu so‘zlarga rioya qilmaganlari uchun, Egamizning dahshatli g‘azabi bizga qarshi g‘oyatda alanga olgan.” Ruhoniy Xilqiyo, Oxixam, Axbor, Shofon va Osoyoh payg‘ambar Xulda huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallunning xotini edi. Shallun Tixvoning o‘g‘li, Xarxasning nabirasi edi. Xulda Quddusning Yangi dahasida yashardi. Xulda ularga shunday dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: “Sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar: Yahudo shohi o‘qigan kitobda yozilganday, bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman. Ular Mendan yuz o‘girganlari, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, o‘z qo‘llari bilan yasagan butlar tufayli qahrimni keltirganlari uchun, bu yurtga qarshi g‘azabim alangalanadi va aslo bosilmaydi.” Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz eshitgan so‘zlaring to‘g‘risida shuni aytmoqda: bu yurt vayron bo‘lib, bu yurtda yashaganlar la’nati bo‘lsin, degan so‘zlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga bo‘yin egding, qayg‘udan liboslaringni yirtib, huzurimda nola qilding. Men ham iltijolaringni eshitdim. Shunga ko‘ra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, o‘z qabringga dafn etilasan. Bu yurtga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen ko‘rmaysan.” Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga yetkazdilar. Shoh Yo‘shiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini huzuriga to‘pladi. Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, payg‘ambarlar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Ahd kitobini boshidan oxirigacha ularning oldida o‘qidi. Shoh Egamizning uyi eshigi oldidagi ustun yonida turib: “Egamiz ko‘rsatgan yo‘ldan yuraman, amrlariga itoat etaman, shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman, bu kitobda yozilgan ahd so‘zlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi. Butun xalq bu ahdga qo‘shildi. Shoh Yo‘shiyo: “Baalga, Asheraga va barcha samoviy jismlarga atab qilingan narsalar Egamizning uyidan olib chiqib tashlansin”, deb oliy ruhoniy Xilqiyoga, undan keyingi ruhoniylarga, Egamizning uyi darvozabonlariga farmon berdi. O‘sha buyumlarni Quddus tashqarisidagi Qidron soyligiga chiqartirib yoqdi, kulini Baytilga olib keltirdi. Yahudo shohlari Yahudo shaharlaridagi va Quddus atrofidagi sajdagohlarda butparast ruhoniylarni tayinlagan edilar. O‘sha ruhoniylar sajdagohlarda qurbonliklar keltirardi. Yo‘shiyo Baalga, quyoshga, oyga, sayyoralarga va jamiki samoviy jismlarga qurbonlik qilgan o‘sha ruhoniylarni yo‘q qildi. U Egamizning uyidan Asheraning ustunini Quddus tashqarisiga — Qidron soyligiga chiqarib yoqdi. Maydalab kul qilib, kulni avom xalqning qabrlari ustiga sepdi. Fahshbozlarning Egamiz uyidagi hujralarini buzdi. U yerda ayollar Asheraga atab to‘quv ishlarini bajarishardi. Yo‘shiyo Yahudo shaharlaridan hamma ruhoniylarni chiqarib yubordi. G‘ibodan Bershevagacha ruhoniylar qurbonliklar keltiradigan sajdagohlarni yaramaydigan qildi. U Quddus hokimi Yoshua Darvozasining kirishidagi sajdagohlarni yo‘qotdi. Bu darvoza shaharga kirishda chap tomonda edi. Sajdagohlarning ruhoniylari Egamizning Quddusdagi qurbongohiga qurbonlik qilishmas, lekin ruhoniy birodarlarning ulushidan xamirturushsiz non tanovul qila olardilar. Yo‘shiyo, birortasi o‘g‘lini yoki qizini Mo‘laxga olovda kuydirib qurbonlik qilmasin, deb Xinnum soyligidagi Tofat degan joydagi sajdagohni yaramaydigan qildi. Yahudo shohlari quyoshga atagan otlarning haykalini Egamizning uyi eshigi oldidan yo‘qotdi. Otlar Egamiz uyining hovlisida — a’yon Natanmalekning xonasi yonida edi. Yo‘shiyo quyoshga atalgan jang aravalarini ham olovda yoqdi. Oxozning boloxonasi tomidagi Yahudo shohlari qildirgan qurbongohlarni ham, Egamiz uyining ikkala hovlisida Manashe qildirgan qurbongohlarni ham buzdi va maydalab tuyib, Qidron soyligiga sochib yubordi. Quddusning sharqida — Makruh tog‘ining janubida Isroil shohi Sulaymon Sidonning makruh xudosi Ashtaret uchun, Mo‘abning makruh xudosi Xamo‘sh uchun va Ommonning makruh xudosi Mo‘lax uchun qildirgan sajdagohlarni yaramaydigan qildi. U butsimon toshlarni sindirib, Asheraga atalgan ustunlarni qo‘porib tashladi, ularning o‘rnini inson suyaklari bilan to‘ldirdi. Bundan tashqari, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribom Baytilda o‘rnatgan sajdagohni ham, qurbongohni ham yo‘qotdi. Sajdagohga o‘t qo‘yib, kulini ko‘kka sovurdi. U Asheraning ustuniga o‘t qo‘yib yubordi. So‘ngra Yo‘shiyo qayrilib qarab, adirdagi qabrlarni ko‘rdi. U yerdagi qabrlarni ko‘rgach, odamlarini yuborib, mozorlardagi suyaklarni chiqartirdi, Egamizning so‘ziga binoan, suyaklarni qurbongohda yoqdi va shu tariqa qurbongohni yaramaydigan qildi. Zotan, bu haqda payg‘ambar qurbongohga nido qilgan edi. — Anavi yodgorlik toshi kimniki? — deb so‘radi Yo‘shiyo. — Yahudodan kelib, Baytildagi qurbongohda siz qilgan ishlar to‘g‘risida nido qilgan payg‘ambarning qabridir, — deya javob berishdi shahar aholisi. — Unga tegmanglar, — dedi shoh. — Hech kim uning suyaklarini bezovta qilmasin. Shunday qilib, payg‘ambarning suyaklariga ham, Samariyadan kelgan payg‘ambarning suyaklariga ham tegmadilar. Isroil shohlari butun yurt bo‘ylab begona xudolarning sajdagohlarini qurib Egamizni g‘azablantirgan edilar. Yo‘shiyo, xuddi Baytilda qilganiday, bu sajdagohlarni vayron qilish uchun sipohlar jo‘natdi. O‘sha shaharlardagi sajdagohlarning hamma ruhoniylarini qurbongohlarda bo‘g‘izladi. Inson suyaklarini qurbongohlarda yoqdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi. Shoh: “Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini bu Ahd kitobida yozilganiday nishonlang”, deb xalqqa farmon berdi. Isroilga rahnamolik qilgan hakamlar davridan buyon na Isroil shohlari, na Yahudo shohlari hukmronligi paytida Fisih ziyofati shunchalik nishonlanmagan edi. Egamizga atalgan bu Fisih ziyofati esa shoh Yo‘shiyo hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida Quddusda nishonlandi. Yo‘shiyo yana ruhoniy Xilqiyo Egamizning uyidan topgan kitobda yozilgan qonunni ijro etmoq maqsadida arvoh chaqiruvchilarni, folbinlarni, xonaki sanamlarni va boshqa butlarni, Yahudo va Quddusda paydo bo‘lgan hamma makruh narsalarni yo‘q qilib tashladi. Yo‘shiyodan oldin ham, keyin ham unga o‘xshab Musoning hamma qonunlariga muvofiq, butun qalbi bilan, jonu dili bilan, butun vujudi bilan Egamizga itoat etgan biron shoh chiqmadi. Lekin Manashe qilgan gunohlari bilan Egamizning qattiq qahrini keltirgani uchun, Egamiz Yahudoga qarshi alangalangan g‘azabini hali qaytarmagan edi. Shuning uchun Egamiz: “Isroil xalqini huzurimdan qanday haydagan bo‘lsam, Yahudo xalqini ham shunday qilaman, O‘zim tanlagan shahar Quddusdan va Men o‘sha yerda ulug‘lanaman, deb aytgan uyimdan yuz o‘giraman”, degan edi. Yo‘shiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yo‘shiyo hukmronligi paytida Misr fir’avni Nexo Ossuriya shohiga yordam berish uchun Furot daryosi tomon yo‘lga chiqdi. Shoh Yo‘shiyo esa Nexoning ustiga yurish qildi. Maxido‘da to‘qnashganlarida, Nexo Yo‘shiyoni o‘ldirdi. A’yonlari Yo‘shiyoning jasadini jang aravasida Maxido‘dan Quddusga olib kelib, ota–bobolari xilxonasiga dafn qildilar. Yahudo xalqi Yo‘shiyoning o‘g‘li Yohuxozga moy surtib, uni otasining o‘rniga shoh qilib ko‘tardilar. Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga o‘tirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. Onasining ismi Xamutal bo‘lib, Libnalik Yeremiyoning qizi edi. Yohuxoz ota–bobolariga o‘xshab Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Fir’avn Nexo, Yohuxoz Quddusda hukmdor bo‘lmasin deya Xomat yurtidagi Rivlo shahrida uni zanjirband qildi. Yurt xalqidan 200 pud kumush va 2 pud oltin o‘lpon talab qildi. Fir’avn Nexo Yo‘shiyoning o‘g‘li Eliyaqimni otasining o‘rniga shoh qildi va ismini o‘zgartirib Yohayiqim qo‘ydi. So‘ngra Yohuxozni olib Misrga qaytdi. Yohuxoz o‘sha yerda vafot etdi. Yohayiqim fir’avn istagan oltin va kumushni berdi. Nexoga o‘lpon to‘lash uchun esa yurt xalqiga soliq soldi va har biridan boyligiga qarab oltin va kumush yig‘di. Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Zabudo bo‘lib, Rumaxlik Podiyoning qizi edi. Yohayiqim ota–bobolari singari, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Yahudo shohi Yohayiqim hukmdorligi davrida Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga hujum qildi. Yohayiqim uch yil uning hukmronligi ostida bo‘ldi. Oxiri u Navuxadnazarga qarshi isyon ko‘tardi. Egamiz O‘z qullari payg‘ambarlar orqali aytganiga ko‘ra, Yahudo xalqiga qarshi Bobil, Oram, Mo‘ab va Ommon bosqinchi to‘dalarini yuborib, bu yurt xalqini yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. [3-4] Egamizning amri bilan Yahudo xalqining boshiga ko‘p kulfat keldi. Manashe qilgan hamma gunohlar uchun, beayblarning qonini to‘kkani uchun, Egamiz Yahudo xalqini O‘z huzuridan haydamoqchi bo‘ldi. Manashe Quddusni beayblarning qoniga botirgan edi. Egamiz Manasheni bu qilmishi uchun kechirmoqchi emasdi. *** Yohayiqimning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yohayiqim olamdan o‘tgach, o‘rniga o‘g‘li Yohayixin shoh bo‘ldi. Misr fir’avni qaytib o‘z yurtidan tashqariga chiqmadi. Bobil shohi Misrning shimoliy chegarasi — Misr soyligidan tortib, Furot daryosigacha fir’avnga qarashli bo‘lgan hamma yerlarni bosib olgan edi. Yohayixin o‘n sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda uch oy hukmdorlik qildi. Onasining ismi Naxushta bo‘lib, Qudduslik Elnatanning qizi edi. Yohayixin ham, otasi kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. O‘sha paytda Bobil shohi Navuxadnazarning lashkarlari Quddusni qamal qildi. Qamal paytida Navuxadnazarning o‘zi Quddusga keldi. Yahudo shohi Yohayixinning o‘zi, onasi, xizmatkorlari, lashkarboshilari, saroy a’yonlari Navuxadnazarga taslim bo‘ldilar. Bobil shohi hukmronligining sakkizinchi yilida Yohayixin asirga olingan edi. Egamizning aytgani bo‘yicha, Navuxadnazar Egamizning uyidagi va shoh saroyidagi barcha xazinalarni bo‘shatdi. Isroil shohi Sulaymon Egamizning uyi uchun yasattirgan oltin ashyolarning hammasini maydaladi. Jamiki Quddus aholisini, beklarni, jasur sipohlarni, hunarmandlarni, temirchilarni, hammasi bo‘lib o‘n mingta odamni asir qilib olib ketdi. Yahudo xalqining eng qashshoq to‘pidan boshqa kimsa bu yurtda qolmadi. [15-16] Bobil shohi Navuxadnazar Yohayixinni asir qilgandan keyin, Bobilga olib keldi. Yohayixin bilan birga uning onasini, xotinlarini, a’yonlarini va yurtning obro‘li odamlarini ham Quddusdan Bobilga haydab keldi. Bundan tashqari, hamma jasur sipohlarni — yetti mingta sipohni, jang qilishga qodir mingta hunarmand va temirchini ham asir qilib olib ketdi. *** Yohayixinning o‘rniga esa amakisi Mattaniyoni shoh qilib tayinladi va uning otini o‘zgartirib, Zidqiyo qo‘ydi. Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh bo‘ldi va Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Xamutal bo‘lib, Libnalik Yeremiyoning qizi edi. Zidqiyo ham, Yohayiqim kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilgani uchun Egamiz Quddus va Yahudo xalqidan g‘oyat g‘azablangan, oqibatda ularni O‘z huzuridan quvib yuborgan edi. Zidqiyo Bobil shohiga qarshi isyon ko‘tardi. Zidqiyo shohligining to‘qqizinchi yili o‘ninchi oyining o‘ninchi kuni Bobil shohi Navuxadnazar hamma lashkari bilan Quddus atrofiga kelib, qarorgoh qurdi. Shahar devori atrofida baland qurilmalar yasatdi. Shoh Zidqiyo hukmronligining o‘n birinchi yiligacha shahar qamalda qoldi. To‘rtinchi oyning to‘qqizinchi kuni shaharda ochlik shu qadar kuchaydiki, xalq bir luqma non topolmay qoldi. Oxiri shahar devoridan bir teshik ochishdi. Bobilliklar shaharni gir atrofdan qurshab turgan edilar. Hamma sipohlar tunda shoh bilan birga shohning bog‘i yaqinidagi ikki devorning orasidagi darvozadan chiqib, Iordan vodiysi tomonga qochib ketdilar. Ammo Bobil sipohlari shohning orqasidan quvib, Yerixo tekisligida unga yetib oldilar. Hamma lashkar esa shohni tashlab qochib ketdi. Bobil sipohlari shoh Zidqiyoni ushlab, Rivlo shahriga Bobil shohi huzuriga olib keldilar. Zidqiyoni hukm qildilar. Zidqiyoning ko‘zi oldida o‘g‘illarini qatl qilib, o‘zining ko‘zlarini o‘yib oldilar. Keyin uni kishanlab, Bobilga olib ketdilar. Beshinchi oyning yettinchi kunida, Bobil shohi Navuxadnazar shohligining o‘n to‘qqizinchi yilida Bobil shohining amaldori — qo‘riqchilari sardori Nabizaradon Quddusga kirdi. U Egamizning uyiga, shoh saroyiga va Quddusdagi hamma nufuzli odamlarning hashamatli imoratlariga o‘t qo‘ydi. Qo‘riqchilar sardori rahnamoligida Bobil lashkarlari Quddusni o‘rab turgan devorlarni yiqitdilar. Nabizaradon qolgan hamma xalqni — shaharda tirik qolganlarni, Bobil shohi tomonga o‘tgan qochoqlarni olib ketdi. Uzumchilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lsinlar, deya hech vaqosi yo‘q, qashshoq odamlardan ba’zilarinigina qoldirdi, xolos. Bobilliklar Egamizning uyidagi bronza ustunlarni, aravalarni, bronza hovuzni parchalab, hamma bronzani Bobilga olib ketdilar. Egamizning uyida xizmat paytida ishlatiladigan idishlarni — qozonlarni, kuraklarni, qaychilar va kurakchalarni, barcha bronza ashyolarni ham olib ketdilar. Nabizaradon toza oltin va kumush olovkuraklarni, tog‘orachalarni, hamma oltin va kumush buyumlarni olib ketdi. Egamizning uyi uchun Sulaymon qildirgan ikki ustun, hovuz va aravalarga behisob bronza sarf qilingan edi. Har bir ustunning balandligi 18 tirsak bo‘lib, tepasida bronzadan yasalgan ustunqosh bor edi. Ikkala ustunqoshning balandligi 5 tirsakdan, atroflari bronzadan yasalgan to‘rsimon bezak va anor tasviri bilan bezatilgan edi. Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon oliy ruhoniy Sarayoni, undan keyingi ruhoniy Zafaniyoni va uchta darvozabonni ham asirga oldi. Shaharda qolgan sipohlarning bitta lashkarboshisini, shohning yaqinlaridan beshtasini, yana xalqni lashkar safiga yozgan lashkarboshi kotibini va xalqdan shaharda qolgan oltmish kishini ham bandi qildi. Ularning hammasini Rivlo shahriga — Bobil shohi huzuriga olib keldi. Bobil shohi ularni Xomat yurtida — Rivloda qatl qildi. Shunday qilib, Yahudo xalqi o‘zlarining yurtidan surgun qilindilar. Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoda qolgan xalq ustidan Gadaliyoni hokim qilib tayinladi. Shofonning nabirasi Gadaliyo Oxixamning o‘g‘li edi. Lashkarboshilar va sipohlar, Bobil shohi Gadaliyoni hokim qilib tayinlaganini eshitgach, Mispaxga — Gadaliyoning huzuriga keldilar. Kelganlar Nataniyo o‘g‘li Ismoil, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon, Natufolik Tanxumat o‘g‘li Sarayo, Maxolik Yazaniyo va ularning odamlari edi. Gadaliyo kelganlarga va ularning odamlariga ont ichib, shunday dedi: “Bobilliklarga tobe bo‘lishdan qo‘rqmanglar. Bu yurtda o‘rnashib, Bobil shohiga xizmat qilaveringlar. Shunda sizlarga yaxshi bo‘ladi.” O‘sha yilning yettinchi oyida shoh urug‘idan bo‘lgan Ismoil o‘nta odami bilan birga Mispaxga borib, Gadaliyoni o‘ldirdi. Ismoil Elishamaning nabirasi, Nataniyoning o‘g‘li edi. Mispaxda Gadaliyo bilan birga bo‘lgan Yahudo odamlarini va Bobilliklarni ham qilichdan o‘tkazdi. Shundan keyin jamiki xalq — boyu kambag‘al Bobilliklardan qo‘rqib, lashkarboshilar bilan birga, Misrga qochib ketdi. Yahudo shohi Yohayixin surgunda yurganiga o‘ttiz yetti yil bo‘lganda, Evilmardux Bobil shohi bo‘ldi. Evilmardux o‘sha yilning o‘n ikkinchi oyi yigirma yettinchi kuni Yahudo shohi Yohayixinni zindondan ozod qildi. Unga yaxshi munosabatda bo‘ldi, Bobilga surgun qilingan boshqa shohlardan ko‘ra, balandroq martaba berdi. Shunday qilib, Yohayixin zindon kiyimlarini yechdi. Umr bo‘yi doimo Bobil shohining dasturxonidan taom yedi. Umrining oxirigacha shoh tarafidan kundalik ehtiyoji har doim qondirildi. Odam Atodan Shet tug‘ildi, Shetning nasli quyidagilardir: Eno‘sh, Xenan, Maxaliyol, Yored, Xano‘x, Matushaloh, Lamak va Nuh. Nuhning Som, Xom va Yofas degan uch o‘g‘li bor edi. Yofas nasli: Go‘mer, Mago‘g, Moday, Yovon, Tuval, Meshex, Tiros va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Go‘mer nasli: Ashkanoz, Difat, To‘xarmo va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Yovon nasli: Elishox, Tarshish, Kit, Ro‘don va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Xom nasli: Kush, Mizra, Fut, Kan’on va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kush nasli: Savo, Xavila, Sabto, Ramo, Sabtaxo va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Ramo nasli: Shava, Dedon va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kushning naslida yana Nimro‘d degani ham bor edi. Nimro‘d yer yuzidagi birinchi buyuk jangchi edi. Mizra nasli: Lud, Onom, Laxov, Naftux, Patro‘s, Kasluv, Xafto‘r va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kasluvdan Filist xalqi kelib chiqdi. Kan’on nasli: Kan’onning to‘ng‘ich o‘g‘li Sidon, Xet va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Kan’ondan Yobus, Amor, Girgosh, Xiv, Orx, Sin, Arvod, Zamar va Xomat xalqlari ham kelib chiqdi. Som nasli: Elam, Oshur, Arpaxshod, Lud, Oram, Uz, Xul, Geter, Meshex va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Arpaxshodning Shilax degan o‘g‘li bor edi. Shilaxning Ibir degan o‘g‘li bor edi. Ibir ikki o‘g‘il ko‘rdi: birinchisining ismini Palax qo‘ydi, chunki uning davrida dunyo bo‘linib ketdi. Ikkinchisining ismi Yoxton edi. Yoxtonning nasli: Elmo‘dod, Shalaf, Xazormavat, Yorax, Hadoram, Uzol, Dikla, Ebal, Abumayl, Shava, Ofir, Xavila, Yo‘vov va ulardan kelib chiqqan xalqlar. Somdan Ibrohimgacha bo‘lgan nasllar quyidagicha edi: Som, Arpaxshod, Shilax, Ibir, Palax, Ravu, Sarug‘, Naxo‘r, Terah, Ibrom, ya’ni Ibrohim. Ibrohimning o‘g‘illari Is’hoq va Ismoildir. Ularning nasl–nasabi quyidagichadir: Ismoilning to‘ng‘ich o‘g‘li — Navayot, keyingilari — Kedar, Adbal, Mivsom, Mishmo, Dumax, Masso, Hadad, Temo, Yatur, Nofish va Kedemax. Mana shular Ismoilning o‘g‘illaridir. Cho‘ri Xaturo Ibrohimga tug‘ib bergan o‘g‘illar — Zimron, Yoxshon, Midon, Midiyon, Yishboq va Shuvax. Yoxshonning Shava va Dedon degan o‘g‘illari bor edi. Midiyonning Efax, Ifar, Xano‘x, Avido va Eldax degan o‘g‘illari bor edi. Mana shularning hammasi Xaturoning avlodlaridir. Ibrohim o‘g‘li Is’hoqning Esov bilan Yoqub degan o‘g‘illari bor edi. Esovning o‘g‘illari — Elifaz, Ruvel, Yoush, Yalom va Ko‘rax. Elifazning o‘g‘illari — Temon, O‘mar, Zafi, Gatam, Xanaz, Timno va Omolek. Ruvelning o‘g‘illari — Naxat, Zerax, Shammox va Mizzo. Seir o‘g‘illari — Lo‘ton, Sho‘val, Zibo‘n, Anah, Dishon, Ezer va Dishan. Lo‘tonning o‘g‘illari — Xo‘ri bilan Xo‘mam. Lo‘tonning Timna degan singlisi ham bor edi. Sho‘valning o‘g‘illari — Eliyon, Monaxat, Ebal, Shafi va O‘nam. Zibo‘nning o‘g‘illari — Oyo bilan Anax. Anaxning o‘g‘li — Dishon. Dishonning o‘g‘illari — Xamron, Eshbon, Yitron va Xeron. Ezerning o‘g‘illari — Bilxan, Zavon va Yaqon. Dishanning o‘g‘illari — Uz va Oron. Isroilda shohlar bo‘lmasdan oldin ham, Edomda shohlar hukmronlik qilgan edi. Bu shohlar quyidagilardir: Bavo‘rning o‘g‘li Belax. Belax Dinxaba shahridan edi. Belax vafot etgach, uning o‘rniga Zerax o‘g‘li Yo‘vov shoh bo‘ldi. U Bozrax shahridan edi. Yo‘vov vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Xushom shoh bo‘ldi. U Temon yurtidan edi. Xushom vafot etgach, uning o‘rniga Badad o‘g‘li Hadad shoh bo‘ldi. U Ovit shahridan edi. Hadad Mo‘ab yurtida Midiyon lashkarini qirib tashlagan edi. Hadad vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Samlo shoh bo‘ldi. U Masrixo shahridan edi. Samlo vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Shovul shoh bo‘ldi. U Furot daryosi bo‘yidagi Rexobo‘t shahridan edi. Shovul vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Axbor o‘g‘li Baalxanon shoh bo‘ldi. Baalxanon vafot etgandan keyin, uning o‘rniga Hadad shoh bo‘ldi. U Pog‘u shahridan edi. Hadadning xotini Maxitaval edi, Maxitavalning otasi — Matrid, bobosi Mezaxab edi. Oxiri Hadad ham olamdan o‘tdi. Edom yo‘lboshchilari quyidagilar edi: Timno, Elvo, Yetet, Oxolibom, Elox, Pinon, Xanaz, Temon, Mivzar, Maxdiyol va Irom. Edom yo‘lboshchilari ana shulardan iboratdir. Yoqubning o‘g‘illari quyidagilardir: Ruben, Shimo‘n, Levi, Yahudo, Issaxor, Zabulun, Dan, Yusuf, Benyamin, Naftali, Gad va Osher. Yahudoning G‘ur, O‘nan va Shelo degan o‘g‘illari bor edi. Bu uchala o‘g‘ilni unga Kan’onlik Botshuva tug‘ib bergandi. Yahudoning to‘ng‘ich o‘g‘li G‘ur Egamizning oldida qabih ishlar qilgani uchun, Egamiz uning jonini oldi. Yahudoning kelini Tamara ham Yahudoga Paraz va Zerax degan o‘g‘illarni tug‘ib berdi. Yahudoning hammasi bo‘lib besh o‘g‘li bor edi. Parazdan Xazron va Xomul ismli ikki o‘g‘il tug‘ildi. Zeraxning beshta o‘g‘li bo‘lib, ularning ismlari Zimri, Etxan, Xaman, Qolko‘l va Dardax edi. Zerax avlodidan bo‘lgan Karmi ismli bir odamning Oxar degan o‘g‘li bor edi. Oxar Egamizga bag‘ishlangan narsalarning bir nechtasini olib, Isroilga kulfat keltirgandi. Etxanning o‘g‘li Ozariyo edi. Xazronning uchta o‘g‘li bo‘lib, ismlari Yaraxmal, Ram va Xolib edi. Ramdan Ominadov tug‘ildi, Ominadov Yahudo yo‘lboshchisi Naxsho‘nning otasi edi. Naxsho‘ndan Salmo tug‘ildi, Salmodan Bo‘az tug‘ildi, Bo‘azdan Obid tug‘ildi va Obiddan Essay tug‘ildi. Essayning yetti o‘g‘li bo‘lib, to‘ng‘ichi — Eliyob, ikkinchisi — Abunadov, uchinchisi — Shimo, to‘rtinchisi — Natanil, beshinchisi — Radday, oltinchisi — Ozim, yettinchisi Dovud edi. Ularning Zeruya va Obigayl degan singillari bor edi. Zeruyaning uchta o‘g‘li bo‘lib, ularning ismlari Abushay, Yo‘ab va Osoyil edi. Obigayl Ismoil qavmidan bo‘lgan Eter bilan turmush qurib, Emosani tug‘di. Xazron o‘g‘li Xolibning Ozibax va Yariyo‘t degan xotinlari bor edi. Ozibaxdan tug‘ilgan o‘g‘illarining ismi Yesher, Sho‘vav va Ardun edi. Ozibax olamdan o‘tgach, Xolib Efratga uylandi. Efrat unga Xurni tug‘ib berdi. Xurdan Uri tug‘ildi, Uridan Bazalil tug‘ildi. Xazron oltmish yoshga kirganda Moxirning qizi — Giladning singlisiga uylanib, undan Saxuv ismli o‘g‘ilni ko‘rdi. Saxuvdan Yovir tug‘ildi. U Giladdagi yigirma uchta shahar ustidan hukmronlik qilardi. Keyinchalik Gashur va Oram xalqlari Yovir shaharlarini, shuningdek, Qanot shahri va atrofidagi oltmishta qishloqni qo‘lga kiritishdi. Bu yerlarda yashayotgan xalq Giladning otasi Moxirning urug‘idan edi. Xazron vafot etgandan keyin, o‘g‘li Xolib otasining beva qolgan Efrat ismli xotiniga uylandi. Ular Ashxur ismli o‘g‘il ko‘rdilar. Ashxur Taxuva shahrining asoschisi bo‘ldi. Xazronning to‘ng‘ich o‘g‘li Yaraxmaldan bino bo‘lgan o‘g‘illar quyidagilardir: to‘ng‘ich o‘g‘li Ram, so‘ngra Bunax, Oren, Ozim va Oxiyodir. Yaraxmalning Otarax ismli boshqa xotini ham bor edi. Otaraxdan O‘nam tug‘ildi. Yaraxmalning to‘ng‘ich o‘g‘li Ramdan Maz, Yomin va Exer bino bo‘ldi. O‘namning Shammay va Yodo degan o‘g‘illari bor edi. Shammay Nadov va Abushur ismli o‘g‘illar ko‘rdi. Abushurning Abuhayil degan xotini bo‘lib, undan Axbon va Mo‘lid degan o‘g‘illar tug‘ildi. Nadovdan Saled va Opayim degan o‘g‘illar bino bo‘ldi. Saled befarzand o‘tib ketdi. Opayim — Yishining otasi, Yishi — Shashonning otasi, Shashon Oxlayning otasi edi. Shammayning ukasi Yodoning Eter va Yo‘natan ismli ikkita o‘g‘li bor edi. Eter befarzand o‘tib ketdi. Yo‘natanning Palaf va Zozo ismli ikkita o‘g‘li bor edi. Mana shularning hammasi Yaraxmalning nasli edi. Shashonning o‘g‘li bo‘lmay, faqat qizlari bor edi, xolos. Shashonning Yarxo ismli bir Misrlik quli ham bor edi. Shashon qizini o‘zining quli Yarxoga uzatdi. Ular o‘g‘il ko‘rishdi va ismini Attay qo‘yishdi. Attaydan Natan tug‘ildi, Natandan Zobod tug‘ildi, Zoboddan Eflol tug‘ildi, Efloldan Obid tug‘ildi, Obiddan Yohu tug‘ildi, Yohudan Ozariyo tug‘ildi, Ozariyodan Xalez tug‘ildi, Xalezdan Elasax tug‘ildi, Elasaxdan Sismay tug‘ildi, Sismaydan Shallum tug‘ildi, Shallumdan Yoxamiyo tug‘ildi, Yoxamiyodan Elishama tug‘ildi. Yaraxmalning ukasi Xolib ikki o‘g‘il ko‘rdi, to‘ng‘ichining ismi Mesho va kenjasining ismi Morisho edi. Meshodan Zif tug‘ildi, Morishodan Xevron tug‘ildi. Xevron Ko‘rax, Tappux, Rahem va Shema ismli o‘g‘illar ko‘rdi. Shemadan Raxam tug‘ildi, Raxamdan Yorixim tug‘ildi. Shemaning akasi Rahem Shammay ismli o‘g‘il ko‘rdi. Shammaydan Moyun tug‘ildi. Moyundan Baytzur tug‘ildi. Xolibning Efax ismli cho‘risi unga Xoronni, Mo‘zoni va Gazezni tug‘ib berdi. Xoron ham Gazez ismli bir o‘g‘il ko‘rdi. Efaxning otasi Yohdoyning Raxem, Yo‘tom, Geshon, Palat va Shaf degan o‘g‘illari ham bor edi. Xolibning Maxo ismli boshqa bir cho‘risi unga Shabar va Tirxano ismli o‘g‘illar tug‘ib berdi. Keyinroq ular Shaf va Shavo ismli yana ikki o‘g‘il ko‘rishdi. Shaf Madmanno shahriga, Shavo esa Maxbina va Giva shaharlariga asos soldi. Xolibning Axsa ismli bir qizi ham bor edi. Mana shularning hammasi Xolibning nasli edi. Xolibning xotini Efratdan tug‘ilgan to‘ng‘ich o‘g‘li Xur uch o‘g‘il ko‘rdi. Birinchisining ismi Sho‘val bo‘lib, u Xirat–Yorim shahriga asos soldi. Ikkinchisining ismi Salmo bo‘lib, u Baytlahm shahriga asos soldi. Uchinchisining ismi Xoref bo‘lib, u Bayt–Gader shahriga asos soldi. Xirat–Yorimning asoschisi Sho‘valdan Horu xalqi va Monaxat shahrining yarim aholisi bino bo‘ldi. Xirat–Yorim aholisi Yitar urug‘i, Fut urug‘i, Shumot urug‘i va Mishroy urug‘laridan tashkil topgan edi. Zorox va Eshtoyo‘l shaharlarining aholisi ham shu urug‘lardan kelib chiqqan. Natufo, Otro‘t–Bayt–Yo‘ab va Zorox shaharlarining aholisi hamda Monaxat shahrining yarim aholisi Baytlahmning asoschisi Salmon naslidan tashkil topgan edi. Yabiz shahrida istiqomat qilgan kotiblarning urug‘lari ham Salmo naslidan kelib chiqqan bo‘lib, Tirotliklar, Shimatliklar va Suxotliklar degan nom bilan yuritilardi. Bular Xayin xalqidan bo‘lgan Xammat ismli bir odamning avlodlari edilar. Xammat Raxav xonadonining ajdodi edi. Dovud Xevronda turgan paytda tug‘ilgan o‘g‘illari mana shular edi: to‘ng‘ichi — Omno‘n, u Yizrillik Oxinavamdan tug‘ilgan. Ikkinchisi — Doniyor, u Karmillik Obigayldan tug‘ilgan. Uchinchisi — Absalom, u Gashur shohi Talmayning qizi Maxodan tug‘ilgan. To‘rtinchisi — Odoniyo, u Xaggitdan tug‘ilgan. Beshinchisi — Shafatiyo, u Obidadan tug‘ilgan. Oltinchisi — Yitrayom, u Eglaxdan tug‘ilgan. Dovudning bu olti o‘g‘li Xevronda tug‘ilgan edi. Dovud bu yerda yetti yilu olti oy, Quddusda esa o‘ttiz uch yil hukmronlik qildi. Dovudning Quddusda tug‘ilgan o‘g‘illari esa quyidagilardir: Shimo, Sho‘vav, Natan va Sulaymon. Bu to‘rtala o‘g‘li Omiyolning qizi Botshuvadan tug‘ilgan. Dovudning yana to‘qqizta o‘g‘li bo‘lib, o‘g‘illarining ismlari quyidagicha edi: Yibxar, Elishama, Elifalet, No‘g‘ax, Nafax, Yofiya, Elishama, Elyodax va Elifalet. Dovud, bu o‘g‘illaridan tashqari, cho‘rilaridan ham o‘g‘illar ko‘rgan edi. Uning Tamara degan qizi ham bor edi. Sulaymonning naslidan chiqqan shohlar quyidagilar edi: Raxabom, Abiyo, Oso, Yohushafat, Yohuram, Oxaziyo, Yo‘sh, Emoziyo, Ozariyo, Yo‘tom, Oxoz, Hizqiyo, Manashe, Omon va Yo‘shiyo. Yo‘shiyoning to‘rt o‘g‘li bor edi. To‘ng‘ichi — Yo‘xanon, ikkinchisi — Yohayiqim, uchinchisi — Zidqiyo va to‘rtinchisi Shallum edi. Yohayiqimning Yohayixin bilan Zidqiyo degan o‘g‘illari bor edi. Bobilga asir qilib olib ketilgan Yohayixinning o‘g‘illari quyidagilardir: Shaltiyol, Malkirom, Podiyo, Shenazar, Yoxamiyo, Xo‘shama va Nadaviyo. Podiyoning Zarubabel va Shimax degan o‘g‘illari bor edi. Zarubabelning Mashullom, Xanoniyo degan o‘g‘illari va Shalumit degan bir qizi bor edi. Zarubabelning yana Xashuva, Oxil, Barxiyo, Xasadiyo va Yoshaxesed ismli beshta o‘g‘li bor edi. Xanoniyoning o‘g‘illari Pilatiyo va Yeshayo edi. Yeshayodan Rafiyo tug‘ildi, Rafiyodan Arnan, Arnandan Obodiyo, Obodiyodan Shaxaniyo tug‘ildi. Shaxaniyoning nasli quyidagicha edi: uning Shamayo ismli bir o‘g‘li va Xattush, Yixal, Boriyox, Nariyo va Shofot ismli beshta nabirasi bor edi. Hammasi bo‘lib oltita edilar. Nariyoning Eliyo‘nay, Hizqiyo va Ozrikom degan uch o‘g‘li bor edi. Eliyo‘nayning Xo‘daviyo, Eliashab, Paliyo, Oqquv, Yo‘xanon, Daloyo va Onanax degan yettita o‘g‘li bor edi. Yahudoning Paraz, Xazron, Karmi, Xur va Sho‘val degan o‘g‘illari bor edi. Sho‘val o‘g‘li Rayodan Yaxat tug‘ildi. Yaxatdan Oximay va Lo‘had tug‘ildilar. Bular Zorox shahri aholisining ajdodlari edilar. [3-4] Xolib xotini Efratdan Xur ismli o‘g‘lini ko‘rdi. Xur onasi Efratning to‘ng‘ich o‘g‘li edi. Xurning avlodlari Baytlahm shahriga asos solgan edilar. Xurning Etom, Panuval va Eyzar degan o‘g‘illari bor edi. Etomning Yizril, Yishmo va Yidbosh ismli uch o‘g‘li va Xazaleylpo‘n ismli bir qizi bor edi. Panuval Gado‘r shahriga, Eyzar esa Xusha shahriga asos soldi. *** Taxuva shahriga asos solgan Ashxurning Xela va Naro ismli ikkita xotini bor edi. Ashxur Narodan to‘rtta o‘g‘il ko‘rdi. Ularning ismlari Oxizam, Xafer, Tamanax va Xaxashtori edi. Xotini Xeladan esa Zaret, Izxor va Etnan ismli uch o‘g‘il ko‘rdi. Kozning Onib va Zobeba degan o‘g‘illari bor edi. Koz Xarum o‘g‘li Oxarxel urug‘larining ajdodi edi. Yabiz ismli bir odam birodarlariga qaraganda baland obro‘ga ega edi. Onasi “Uni dard chekib tuqqanman”, deb ismini Yabiz qo‘ygan edi. Yabiz Isroilning Xudosiga shunday deb yolvordi: “Koshkiydi, Sen meni muborak qilib, hududimni kengaytirsang. Yonimda bo‘lib, meni dardga yo‘liqtirmay, kulfatdan saqlasang.” Xudo uning iltijolarini bajo qildi. Shuxoning akasi Xalubdan Maxir tug‘ildi. Maxirdan Eshtun tug‘ildi. Eshtundan Baytrafa, Posiyox va Taxinno tug‘ildilar. Taxinno Naxosh shahriga asos soldi. Bularning avlodlari Raxada istiqomat qilardilar. Xanazning O‘tniyol bilan Sarayo degan ikki o‘g‘li bor edi. O‘tniyolning ham Xatat bilan Miyono‘tay degan ikki o‘g‘li bor edi. Miyono‘taydan O‘fra tug‘ildi. Sarayodan Yo‘ab tug‘ildi. Yo‘ab Hunarmandlar vodiysiga asos soldi. U yerda yashagan odamlarning hammasi hunarmand edi. Yafunax o‘g‘li Xolib uch o‘g‘il ko‘rdi. Ularning ismlari Iru, Elox va Nayam edi. Eloxdan Xanaz tug‘ildi. Yoxalilning Zif, Zifo, Tirayo va Osoriyol degan o‘g‘illari bor edi. Ezraxning Eter, Mirod, Ifar va Yolun degan o‘g‘illari bor edi. Mirod fir’avnning qizi Bitiyoga uylandi, ular Maryam ismli bir qiz hamda Shammay va Yishbox ismli ikki o‘g‘il ko‘rishdi. Yishbox Eshtamo‘va shahriga asos soldi. Mirod Yahudo qabilasidan o‘ziga yana bir xotin oldi. Bu xotinidan u Yored, Xaber va Yohutal ismli uch o‘g‘il ko‘rdi. Yored Gado‘r shahriga, Xaber So‘xu shahriga va Yohutal Zono‘vax shahriga asos soldilar. Xo‘diyo Naxamning singlisiga uylandi. Ulardan Keylaxda istiqomat qilgan Xarm urug‘i va Eshtamo‘vada istiqomat qilgan Maxo urug‘lari kelib chiqdi. Shimonning Omno‘n, Rina, Banxanon va Tilo‘n degan o‘g‘illari bor edi. Yishining Zo‘xit va Banzo‘xit degan o‘g‘illari bor edi. Yahudoning Shelo ismli o‘g‘li ham bor edi. Sheloning nasli quyidagilardan tashkil topgan edi: Lexa shahrini qurgan G‘ur, Morisho shahrini qurgan Lado, Bayt–Ashbiya shahrida yashagan zig‘ir to‘quvchilarning urug‘i, Yo‘xim va Xozeba shahrining aholisi. Yo‘sh va Soraf ham Sheloning naslidan kelib chiqqan edilar. Ular Mo‘ablik ayollarga uylanib, Baytlahm shahriga o‘rnashib olgan edilar. Bu ma’lumotlar qadimgi yozuvlardan olingan. Shu naslga tegishli odamlar shoh saroyida kulollar sifatida xizmat qilib, Natayim va Gedera shaharlarida yashashardi. Shimo‘nning Namuvol, Yomin, Yoriv, Zerax va Shovul ismli o‘g‘illari bor edi. Shovulning Shallum degan o‘g‘li, Mivsom degan nabirasi va Mishmo degan chevarasi bor edi. Mishmoning Xammuvol degan o‘g‘li, Zakkur ismli nabirasi va Shimax degan chevarasi bor edi. Shimax o‘n olti o‘g‘il va olti qiz ko‘rdi. Lekin aka–ukalarining farzandlari kam bo‘lgani uchun Shimo‘n qabilasi, Yahudo qabilasi kabi, ko‘paymadi. Shimo‘n nasli Bersheva, Mo‘lodax, Xazor–Shuval, Bilxax, Ezam, To‘lad, Batuval, Xo‘rmax, Zixlax, Bayt–Markobo‘t, Xazor–Susum, Bayt–Biriy va Sharayim shaharlarida istiqomat qilardilar. Dovud shoh bo‘lgunga qadar mana shu shaharlar Shimo‘n nasliga qarashli edi. Ular yana Etom, Oyin, Rimmon, To‘xan va Oshon nomli beshta shaharda ham istiqomat qilardilar. Janubi–g‘arbdagi Baal shahrigacha cho‘zilgan bu shaharlaru ularning atrofidagi hamma qishloqlar Shimo‘n nasliga qarashli edi. Ular shu joylarda yashab, o‘z nasabnoma ma’lumotlarini yozib qo‘ygan edilar. [34-38] Quyidagilar Shimo‘n naslining urug‘boshilari edi: Mashuvov, Yamlax, Emoziyo o‘g‘li Yo‘sha, Yo‘el va Yo‘shyiviyo o‘g‘li Yohu. Yohu Sarayoning nevarasi, Osiyolning evarasi edi. Eliyo‘nay, Yaqo‘vo, Yoshuxayo, Osoyoh, Odil, Yesimil, Binayo va Shifi o‘g‘li Zizo ham Shimo‘n naslining urug‘boshilari edi. Zizo Elonning nevarasi, Yodiyoning evarasi, Shamayo o‘g‘li Shimrining chevarasi edi. Ularning urug‘lari nihoyatda ko‘paygani uchun *** *** *** *** ular qo‘y–echkilariga yaylov axtarib, vodiyning sharqiy chetida joylashgan Gado‘r shahrigacha bordilar. U yerdagi keng, tinch va osoyishta joylar ko‘m–ko‘k yaylovlarga boy ekanini ko‘rdilar. Bu yerlar azaldan Xom nasliga qarashli edi. Yahudo shohi Hizqiyo hukmronlik qilgan davrda yuqorida nomlari ro‘yxat qilingan Shimo‘n nasli Xom nasliga va ular orasida o‘rnashib olgan Munim urug‘iga hujum qildilar. Ularning hammasini bitta qoldirmay qirib tashladilar. U yerda qo‘ylar uchun yaylovlar ko‘p bo‘lgani uchun ularning joyiga o‘zlari o‘rnashib oldilar. So‘ng Shimo‘n naslidan besh yuz kishi Yishining Pilatiyo, Nariyo, Rafiyo va Uziyol ismli to‘rt o‘g‘li boshchiligida Seir tog‘lariga borib, Omolek naslining qolganlarini qirib tashladilar. Shimo‘n nasli bugunga qadar o‘sha joylarda yashab kelyapti. Ruben Yoqubning to‘ng‘ich o‘g‘li edi. Ammo u otasining to‘shagini bulg‘agani uchun, to‘ng‘ich farzandlik huquqi Yusufning o‘g‘illariga berilgan edi. Shu sababdan Ruben nasabnomada to‘ng‘ich sifatida ro‘yxatda yo‘q. Rubenning ukasi Yahudo aka–ukalari orasida eng kuchlisi bo‘lib, yo‘lboshchi uning qabilasidan chiqsa ham, to‘ng‘ichlik huquqi Yusufniki bo‘ldi. Ruben to‘rt o‘g‘il ko‘rdi. Ularning ismlari Xano‘x, Palluv, Xazron va Karmi edi. Yo‘elning nasli quyidagilardan iborat edi: Yo‘elning o‘g‘li — Shamayo, Shamayoning o‘g‘li — Go‘g, Go‘gning o‘g‘li — Shimax, Shimaxning o‘g‘li — Mixo, Mixoning o‘g‘li — Rayo, Rayoning o‘g‘li — Baal va Baalning o‘g‘li — Berax. Ossuriya shohi Tig‘latpilasar Beraxni asir qilib, olib ketgan edi. Berax Ruben qabilasining yo‘lboshchisi edi. Ruben qabilasining quyidagi urug‘boshilari ham nasabnoma ro‘yxatida qayd etilgan: Yaviyol, Zakariyo va Belax. Belax Azazning o‘g‘li, Shemaning nevarasi va Yo‘elning evarasi edi. Ular Aror shahrida hamda shimoldagi Navo va Baal–Miyonga qadar cho‘zilgan yerlarda yashadilar. Ularning Gilad yeridagi podasi haddan tashqari ko‘p bo‘lgani uchun ular sharqdagi sahrogacha bo‘lgan hamma yerlarni egallab olgan edilar. Bu sahro Furot daryosigacha cho‘zilgan edi. Ruben nasli shoh Shoul davrida Hojar urug‘iga qarshi urush ochdi. Ularni mag‘lub qilib, Giladning sharqidagi hamma yerlarini egallab oldi. Gad qabilasi Bashan yerlarida, Ruben qabilasining shimolida yashagan edi. Ularning hududi Salko shahriga qadar cho‘zilgandi. Yo‘el Bashan yerida yo‘lboshchi edi, uning o‘ng qo‘l yordamchisi Shofom edi, Yanay va Shofot urug‘boshilar edilar. Gad qabilasining qolgan a’zolari quyidagi yetti urug‘ga tegishli edi: Mikoyil, Mashullom, Sheba, Yo‘ray, Yaqan, Ziya va Ibir. Bular Abuhayilning o‘g‘illari bo‘lib, ularning yettinchi avlodigacha bo‘lgan ajdodlari quyidagilar edilar: Xuri, Yoro‘vax, Gilad, Mikoyil, Yashishay, Yaxdu va Buz. Go‘noning nevarasi, Abdil o‘g‘li Oxi bu urug‘larning yo‘lboshchisi edi. Gad qabilasi Giladda, Bashanda va o‘sha yerdagi shaharlarda hamda Sharondagi butun yaylovlarda istiqomat qilardi. Bu ma’lumotlarning hammasi Yahudo shohi Yo‘tom va Isroil shohi Yorubom hukmronligi davrida nasabnomaga kiritilgandi. Ruben, Gad qabilalarining va Manashe qabilasi yarmining qilich va qalqon bilan qurollangan kamonchilardan iborat 44.760 ta jang qilishga tayyor, mohir sipohi bor edi. Ular Hojar urug‘iga, Yatur, Nofish va Nadav qabilalariga hujum qildilar. Jang paytida bu sipohlar Xudoga iltijo qildilar. Ular Xudoga inonganlari uchun Xudo iltijolariga javob berib, Hojar urug‘ini va barcha ittifoqchilarini ularning qo‘liga berib, mag‘lub qildi. Ular dushmanning chorvasidan 50.000 tuya, 250.000 qo‘y, 2.000 eshakni o‘lja oldilar va 100.000 odamni asir qildilar. G‘animning ko‘pchiligi jangda qirilib ketgandi, chunki Xudoning O‘zi ularga qarshi jang qilgan edi. Ruben va Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi surgungacha o‘sha yerlarda yashab qoldilar. Manashe qabilasining yarmi Baal–Xermon, Sanir va Xermon tog‘iga qadar cho‘zilgan Bashan yerlarida joylashib, ko‘paydi. Qabilaning urug‘boshilari quyidagilar edi: Ifar, Yishi, Eliel, Ozriyol, Yeremiyo, Xo‘daviyo va Yaxdiyol. Ular bahodir jangchilar bo‘lib, o‘z urug‘larining mashhur boshliqlari edilar. Ruben va Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi ota–bobolarining Xudosiga qarshi gunoh qildilar. Ular Xudoga bevafolik qilib, Xudo qirib yuborgan o‘sha yurtdagi xalqlarning xudolariga sig‘ina boshladilar. Shuning uchun Isroil xalqining Xudosi Ossuriya shohi Pulni, ya’ni Tig‘latpilasarni yuborib, Ruben, Gad qabilalarini va Manashe qabilasining yarmini mag‘lub qildi. Shox Pul ularni asir olib Xalax, Xavor va Xara hududlariga hamda Gozan daryosining bo‘ylariga surgun qildi. Ular bugungacha o‘sha yerlarda istiqomat qilib kelyaptilar. Levining o‘g‘illari Gershon, Qohot va Marori edi. Qohotning o‘g‘illari Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol edi. Imromning Horun va Muso ismli ikki o‘g‘li va Maryam ismli bir qizi bor edi. Horunning o‘g‘illari Nadov, Abihu, Elazar va Itamar edi. Elazardan Finxaz tug‘ildi, Finxazdan Abushuva tug‘ildi, Abushuvadan Bukki tug‘ildi, Bukkidan Uzzi tug‘ildi, Uzzidan Zaraxiyo tug‘ildi, Zaraxiyodan Maroyo‘t tug‘ildi, Maroyo‘tdan Emoriyo tug‘ildi, Emoriyodan Oxitob tug‘ildi, Oxitobdan Zodo‘x tug‘ildi, Zodo‘xdan Oximas tug‘ildi, Oximasdan Ozariyo tug‘ildi, Ozariyodan Yo‘xanon tug‘ildi, Yo‘xanondan Ozariyo tug‘ildi. Ozariyo shoh Sulaymon Quddusda qurgan Ma’badda ruhoniy bo‘lib xizmat qilgan edi. Ozariyodan Emoriyo tug‘ildi, Emoriyodan Oxitob tug‘ildi, Oxitobdan Zodo‘x tug‘ildi, Zodo‘xdan Shallum tug‘ildi, Shallumdan Xilqiyo tug‘ildi, Xilqiyodan Ozariyo tug‘ildi, Ozariyodan Sarayo tug‘ildi, Sarayodan Yohuzadax tug‘ildi. Egamiz shoh Navuxadnazar orqali Yahudo va Quddus xalqini surgun qilganda, Yohuzadax ham badarg‘a bo‘lgan edi. Levining o‘g‘illari Gershon, Qohot va Marori edi. Gershonning o‘g‘illari ismi Lubnax va Shimax edi. Qohotning o‘g‘illari Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol edi. Marorining o‘g‘illari Maxli va Mushi edi. Ota xonadoniga ko‘ra, ro‘yxatga olingan Levi urug‘lari quyidagilardan iborat edi: Gershon nasli quyidagilar edi: Gershondan Lubnax tug‘ildi, Lubnaxdan Yaxat tug‘ildi, Yaxatdan Zimmo tug‘ildi, Zimmodan Yo‘x tug‘ildi, Yo‘xdan Yiddo tug‘ildi, Yiddodan Zerax tug‘ildi, Zeraxdan Yotaray tug‘ildi. Qohotning nasli quyidagilar edi: Qohotdan Ominadov tug‘ildi, Ominadovdan Ko‘rax tug‘ildi, Ko‘raxdan Asir tug‘ildi, Asirdan Elqana tug‘ildi, Elqanadan Ebuasaf tug‘ildi, Ebuasafdan Asir tug‘ildi, Asirdan Taxat tug‘ildi, Taxatdan Uriyol tug‘ildi, Uriyoldan Uzziyo tug‘ildi, Uzziyodan Shovul tug‘ildi. Elqananing Emosay va Oximo‘t degan ikki o‘g‘li bor edi. Oximo‘tdan Elqana tug‘ildi, Elqanadan Zo‘fay tug‘ildi, Zo‘faydan Naxat tug‘ildi, Naxatdan Eliyob tug‘ildi, Eliyobdan Yeroxam tug‘ildi, Yeroxamdan Elqana tug‘ildi, Elqanadan Shomuil tug‘ildi. Shomuilning ikki o‘g‘li bor edi, to‘ng‘ichining ismi Yo‘el, kenjasining ismi Abiyo edi. Marorining nasli quyidagilar edi: Maroridan Maxli tug‘ildi, Maxlidan Lubnax tug‘ildi, Lubnaxdan Shimax tug‘ildi, Shimaxdan Uzzox tug‘ildi, Uzzoxdan Shimo tug‘ildi, Shimodan Xaggiyo tug‘ildi, Xaggiyodan Osoyoh tug‘ildi. Ahd sandig‘i Egamizning uyiga kelgandan keyin, Dovud u yerdagi xizmatga sozandalar tayinlagandi. Sulaymon Quddusda Egamizning uyini qurgunga qadar, ular Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodir oldida qo‘shiq aytib xizmat qilishardi. O‘z xizmatini berilgan ko‘rsatmalar asosida ado etishardi. U yerda xizmat qilgan odamlar quyidagi urug‘lardan edi: Qohot urug‘idan — qo‘shiqchi Xaman. Xamanning nasabnomasi quyidagicha edi: Xaman — Yo‘elning o‘g‘li, Yo‘el — Shomuilning o‘g‘li, Shomuil — Elqananing o‘g‘li, Elqana — Yeroxamning o‘g‘li, Yeroxam — Elielning o‘g‘li, Eliel — To‘vaxning o‘g‘li, To‘vax — Zufning o‘g‘li, Zuf — Elqananing o‘g‘li, Elqana — Maxatning o‘g‘li, Maxat — Emosayning o‘g‘li, Emosay — Elqananing o‘g‘li, Elqana — Yo‘elning o‘g‘li, Yo‘el — Ozariyoning o‘g‘li, Ozariyo — Zafaniyoning o‘g‘li, Zafaniyo — Taxatning o‘g‘li, Taxat — Asirning o‘g‘li, Asir — Ebuasafning o‘g‘li, Ebuasaf — Ko‘raxning o‘g‘li, Ko‘rax — Izxorning o‘g‘li, Izxor — Qohotning o‘g‘li, Qohot — Levining o‘g‘li, Levi — Yoqubning o‘g‘li. Xamanning Osif ismli qarindoshi uning o‘ng qo‘l yordamchisi edi. Osifning nasabnomasi quyidagicha edi: Osif — Barxiyoning o‘g‘li, Barxiyo — Shimoning o‘g‘li, Shimo — Mikoyilning o‘g‘li, Mikoyil — Bosiyoning o‘g‘li, Bosiyo — Malkiyoning o‘g‘li, Malkiyo — Itnoning o‘g‘li, Itno — Zeraxning o‘g‘li, Zerax — Odayoning o‘g‘li, Odayo — Etxanning o‘g‘li, Etxan — Zimmoning o‘g‘li, Zimmo — Shimaxning o‘g‘li, Shimax — Yaxatning o‘g‘li, Yaxat —Gershonning o‘g‘li, Gershon — Levining o‘g‘li. Xamanning chap qo‘l yordamchisi o‘z qarindoshi Etxan edi. U Marori urug‘idan edi. Etxanning nasabnomasi quyidagicha edi: Etxan — Xishining o‘g‘li, Xishi — Abdining o‘g‘li, Abdi — Malluxning o‘g‘li, Mallux — Xashaviyoning o‘g‘li, Xashaviyo — Emoziyoning o‘g‘li, Emoziyo — Xilqiyoning o‘g‘li, Xilqiyo — Omzining o‘g‘li, Omzi — Banixning o‘g‘li, Banix — Shamerning o‘g‘li, Shamer — Maxlining o‘g‘li, Maxli — Mushining o‘g‘li, Mushi — Marorining o‘g‘li, Marori — Levining o‘g‘li. Levi qabilasining qolgan a’zolari Xudoning uyidagi boshqa hamma xizmatga tayinlangan edilar. Faqat Horun va uning nasli qurbongohda qurbonlik kuydirib, xushbo‘y tutatqi qurbongohida tutatqi tutatishlari mumkin edi. Ular Eng muqaddas xonadagi barcha xizmatni ado etib, Xudoning quli Muso bergan hamma buyruqlarga ko‘ra, Isroil xalqini gunohdan poklar edilar. Horunning nasli quyidagilar edi: Horunning o‘g‘li — Elazar, Elazarning o‘g‘li — Finxaz, Finxazning o‘g‘li — Abushuva, Abushuvaning o‘g‘li — Bukki, Bukkining o‘g‘li — Uzzi, Uzzining o‘g‘li — Zaraxiyo, Zaraxiyoning o‘g‘li — Maroyo‘t, Maroyo‘tning o‘g‘li — Emoriyo, Emoriyoning o‘g‘li — Oxitob, Oxitobning o‘g‘li — Zodo‘x, Zodo‘xning o‘g‘li — Oximas. Levilarga ajratilgan shaharlardan birinchi bo‘lib Qohot urug‘ining Horun nasli ulush olgan edi. Ularga qur’a bo‘yicha berilgan hududga Yahudo yurtidagi Xevron shahri va uning atrofidagi yaylovlar kirgan edi. Ammo o‘sha shaharning atrofidagi dalalaru qishloqlar Yafunax o‘g‘li Xolibga berildi. Horun nasliga quyidagi shaharlar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi: panoh shahar Xevron, Libna, Yatir, Eshtamo‘va, Xilen, Davir, Oshon va Bayt–Shamash. Benyamin qabilasining hududidan quyidagi shaharlar va ularning atrofidagi yaylovlar ham berildi: G‘ibo, Elimat va Onoto‘t. Qoxot urug‘ining Horun nasliga hammasi bo‘lib o‘n uchta shahar berildi. Qohot naslining qolganlariga esa Iordanning g‘arb tomonidagi Manashe qabilasiga qarashli hududdan o‘nta shahar qur’a bo‘yicha taqsimlab berildi. Gershon urug‘iga, xonadonlariga ko‘ra, Issaxor, Osher, Naftali va Bashandagi Manashe qabilalarining hududlaridan o‘n uchta shahar qur’a bo‘yicha berildi. Marori urug‘iga, xonadonlariga ko‘ra, Ruben, Gad va Zabulun qabilalarining hududlaridan o‘n ikkita shahar qur’a bo‘yicha berildi. Shunday qilib, Isroil xalqi levilarga yashash uchun shaharlarni va o‘sha shaharlar atrofidagi yaylovlarni ajratib berdi. Yuqorida nomlari aytib o‘tilgan Yahudo, Shimo‘n va Benyamin qabilalari hududlaridan ajratilgan shaharlar ham qur’a bo‘yicha taqsimlangan edi. Qohot urug‘ining ba’zi xonadonlariga Efrayim qabilasining hududidan quyidagi shaharlar va ularning atrofidagi yaylovlar berildi: Efrayim qirlaridagi panoh shahar Shakam, Gezer, Yoxmayom, Bayt–Xo‘ron, Oyjavlon va Gat–Rimmon. Qohot urug‘ining qolgan xonadonlariga esa Iordanning g‘arb tomonidagi Manashe qabilasining yarmiga qarashli ikki shahar berildi: Onar va Bilom. Bu shaharlarning atroflaridagi yaylovlar ham ularga berildi. Gershon urug‘iga quyidagi shaharlar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi: Iordanning sharq tomonidagi Manashe qabilasining hududidan Ashtaro‘t va Bashandagi Go‘lon, Issaxor qabilasining hududidan Kedesh, Dovarat, Ramo‘t va Onem, Osher qabilasining hududidan Moshol, Abdo‘n, Huqqoq va Rexob, Naftali qabilasi hududidan Xammon, Xiratayim va Jaliladagi Kedesh. Marori urug‘ining qolgan xonadonlariga quyidagi shaharlar va ularning atroflaridagi yaylovlar berildi: Zabulun qabilasining hududidan Rimmono va Tovur, [78-79] Yerixo ro‘parasidagi Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan Ruben qabilasining hududidan Yaxaz, Kadamo‘t, Mifat va cho‘ldagi Bazer, *** Gad qabilasining hududidan Moxanayim, Xashbon, Yazir va Giladdagi Ramo‘t. Issaxorning To‘lo, Puvax, Yoshuv va Shimron degan to‘rtta o‘g‘li bor edi. To‘loning oltita o‘g‘li bor edi: Uzzi, Rafiyo, Yoriyol, Yaxmay, Yibsam va Shomuil. Ular o‘z xonadonlarining urug‘boshilari edilar. Shoh Dovud davrida To‘loning nasabnomasida 22.600 ta jangchi qayd etilgan edi. Uzzining Yizraxiyo degan o‘g‘li bor edi. Yizraxiyoning to‘rtta o‘g‘li bo‘lib, ismlari Mikoyil, Obodiyo, Yo‘el va Ishshiyo edi. Yizraxiyo va uning o‘g‘illari urug‘boshilar edi. Ularning xotinlari va bolalari nihoyatda ko‘p bo‘lgani uchun, nasabnomasiga ko‘ra, jang qilishga qodir 36.000 ta odami bor edi. Issaxor qabilasining nasabnomasida hammasi bo‘lib 87.000 ta jangchi qayd etilgan edi. Benyaminning Belax, Boxir va Yodiyol degan uch o‘g‘li bor edi. Belaxning Ezbo‘n, Uzzi, Uziyol, Yarimo‘t va Iri degan beshta o‘g‘li bor edi. Ularning beshovi ham urug‘boshilar bo‘lib, nasabnomasida 22.034 ta bahodir jangchi qayd etilgan edi. Boxirning Zomiro, Yo‘sh, Eliazar, Eliyo‘nay, Omri, Yorimo‘t, Abiyo, Onoto‘t va Elimat degan o‘g‘illari bor edi. Bularning hammalari Boxirning o‘g‘illari edi. Ularning nasabnomasida urug‘boshilardan tashqari 22.200 ta jangchi qayd etilgan edi. Yodiyolning Bilxan degan bitta o‘g‘li, Bilxanning esa Yoush, Benyamin, Ehud, Xanano, Zaton, Tarshish va Oxishar degan yetti o‘g‘li bor edi. Ularning hammasi urug‘boshilar bo‘lib, nasabnomasiga ko‘ra, jang qilishga tayyor 17.200 ta odami bor edi. Shupim va Xupim xalqlari Irdan, Xushim xalqi esa Oxerdan kelib chiqqandi. Naftalining Yaxziyol, Go‘no, Izar va Shallum degan to‘rtta o‘g‘li bor edi. Ular Bilxaxning naslidan edi. Manashe Oramlik cho‘risidan Osriyol va Moxir ismli ikki o‘g‘il ko‘rdi. Moxir Giladning otasi edi. Moxir Xupim va Shupimga xotinlar olib berdi. Moxirning Maxo ismli bir singlisi bor edi. Zalofoxod Moxirning avlodlaridan biri bo‘lib, faqat qizlar ko‘rgan edi. Moxirning xotini Maxo ikki o‘g‘il tug‘di. Ularning ismini Parash va Sharash qo‘ydilar. Parash Ulom va Rahem ismli ikki o‘g‘il ko‘rdi. Ulomning Badon degan o‘g‘li bor edi. Manashe nevarasi Moxir o‘g‘li Giladning nasli mana shulardan iboratdir. Giladning singlisi Xammalekadan Ishxo‘d, Abuazar va Maxlo tug‘ildi. Shamidoning Oxiyon, Shakam, Lixi va Oniyom degan o‘g‘illari bor edi. Efrayimning Shutalax degan o‘g‘li bor edi. Shutalaxdan Barid tug‘ildi, Bariddan Taxat, Taxatdan Eladax, Eladaxdan Taxat, Taxatdan Zobod, Zoboddan Shutalax tug‘ildilar. Efrayimning Shutalaxdan tashqari yana Eyzar va Elad ismli ikki o‘g‘li ham bor edi. Ular Gat shahrining tub aholisiga qarashli chorvani o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlarida Gatliklar ularni o‘ldirgan edilar. Ularning otasi Efrayim ko‘p kunlar aza tutdi. Qarindoshlari unga tasalli bergani keldilar. Efrayim xotini bilan yana qovushgan edi, xotini homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. Efrayim, uyimda baxtsizlik yuz bergan edi, deb o‘g‘lining ismini Bariyo qo‘ydi. Efrayimning Shero degan bir qizi bor edi. Shero tepadagi Bayt–Xo‘ron va pastdagi Bayt–Xo‘ron shaharlarini hamda Uzan–Shero shahrini qurdi. Efrayimning Refax ismli bir o‘g‘li ham bor edi. Refaxdan Rashaf tug‘ildi, Rashafdan Telax, Telaxdan Taxan, Taxandan Laden, Ladendan Omihud, Omihuddan Elishama, Elishamadan Nun, Nundan Yoshua tug‘ildilar. Efrayim nasli janubdagi Baytil shahri, sharqdagi Naron shahri va g‘arbdagi Gezer shahrigacha cho‘zilgan hududni qo‘lga kiritib, o‘sha yerga o‘rnashib olgan edilar. Ularning hududiga o‘sha shaharlar atrofidagi barcha qishloqlar, Shakam va Oya shaharlari hamda ular atrofidagi qishloqlar kirgan edi. Manashe qabilasi Bayt–Shan, Tanax, Maxido‘ va Do‘r shaharlari va o‘sha shaharlar atrofidagi qishloqlarida o‘rnashib olgan edi. Bu joylarda Yoqubning o‘g‘li Yusuf avlodlari yashagan edi. Osherning o‘g‘illari quyidagilardir: Yimnax, Yishvo, Yishvi va Bariyo. Osherning Serax ismli bir qizi ham bor edi. Bariyoning Xaber va Malxiyol ismli ikki o‘g‘li bo‘lib, Malxiyol Birzayit shahrini qurgan edi. Xaberning Yaflet, Sho‘mer va Xo‘tam ismli uch o‘g‘li va Shuva ismli bir qizi bor edi. Yafletning o‘g‘illari — Po‘sax, Bimxal va Oshvot. Sho‘merning o‘g‘illari — Oxi, Roxgax, Xubbo va Oram. Sho‘merning ukasi Xo‘tamning o‘g‘illari — Zo‘fax, Yimno, Shalash va Amal. Zo‘faxning o‘g‘illari — Suvax, Xarnatar, Shuvol, Beri, Yimra, Bazer, Xo‘d, Shammo, Shilsho, Yitron va Bera. Eterning o‘g‘illari — Yafunax, Fispa va Orro. Ulloning o‘g‘illari — Orax, Xanniel va Riziyo. Osher nasli ana shulardan iborat bo‘lib, ular urug‘boshilar, mashhur bahodir jangchilar, obro‘li yo‘lboshchilar edilar. Osher qabilasining nasabnomasida jang qilishga qodir 26.000 kishi qayd etilgan edi. Benyaminning beshta o‘g‘li bor edi. To‘ng‘ich o‘g‘li — Belax, ikkinchisi — Oshbol, uchinchisi — Axrax, to‘rtinchisi — No‘xax, beshinchisi Rafa edi. Belaxning o‘g‘illari quyidagilardir: Adar, Gera, Abihud, Abushuva, No‘mon, Oxo‘va, Gera, Shafufon va Xurom. [6-7] Ehudning No‘mon, Oxiyo va Gera ismli o‘g‘illari bo‘lib, ular G‘ibo shahri aholisining urug‘boshilari edilar. G‘ibo aholisi Monaxatga quvib yuborilganda, Gera xalqni boshlab ketgan edi. Geraning Uzzo va Oxixud ismli ikki o‘g‘li bor edi. *** Shaxarayim ikkala xotini Xushim va Baroni qo‘yib yuborgandan keyin, Mo‘ab yurtida o‘g‘illar ko‘rgan edi. Uning Ho‘dash ismli yangi xotini unga Yo‘vov, Zibiyo, Mesho, Malkam, Yus, Sahiyo va Mirmo degan yetti o‘g‘il tug‘ib bergan edi. Shaxarayimning bu hamma o‘g‘illari urug‘boshilar edilar. Shaxarayimning Xushimdan tug‘ilgan Abutav va Elfal degan ikkita o‘g‘li ham bor edi. [12-13] Elfalning Ibir, Mishom, Shamad, Bariyo va Shema degan o‘g‘illari bor edi. Shamad Ono‘ va Lo‘d shaharlarini, shuningdek, bularning atroflaridagi qishloqlarni qurgan edi. Bariyo bilan Shema esa Oyjavlon shahri aholisining urug‘boshilari bo‘lib, Gat aholisini quvib yuborgan edilar. *** Oxyo, Shoshax, Yorimo‘t, Zabadiyo, Arod, Eder, Mikoyil, Yishpo va Yo‘xo Bariyoning o‘g‘illari edi. Zabadiyo, Mashullom, Xizqi, Xaber, Yishmaray, Yizliyo va Yo‘vov Elfalning o‘g‘illari edi. Yaxim, Zixri, Zabdi, Elivenay, Zillatay, Eliel, Odayo, Baroyo va Shimrot Shimaxning o‘g‘illari edi. Yishpon, Ibir, Eliel, Abdo‘n, Zixri, Xanon, Xanoniyo, Elam, Onto‘tiyo, Yifdayo va Panuval Shoshaxning o‘g‘illari edi. Shamsharay, Shaxariyo, Otaliyo, Yarshiyo, Ilyos va Zixri Yeroxamning o‘g‘illari edi. Ularning hammasi o‘z naslining urug‘boshilari bo‘lib, ismlari o‘z nasli nasabnomasida qayd etilgan edi. Ular Quddusda yashadilar. Yaviyol Givon shahrini qurib, o‘sha shaharda o‘rnashdi. Xotinining ismi Maxo, to‘ng‘ich o‘g‘lining ismi Abdo‘n, keyingilariniki Zur, Kish, Baal, Nadov, Gado‘r, Oxyo, Zakar, va Mixlo‘t edi. Mixlo‘t Shimoxning otasi edi. Bularning nasli Quddusda o‘z urug‘lari bilan yonma–yon yashadi. Nar — Kishning otasi, Kish shoh Shoulning otasi edi. Shoulning to‘rtta o‘g‘li bo‘lib, ismlari Yo‘natan, Malkishuva, Abunadov va Eshbaal edi. Yo‘natandan Maribaal tug‘ildi, Maribaaldan Mixo tug‘ildi. Mixoning Pito‘n, Malek, Tariya va Oxoz degan o‘g‘illari bor edi. Oxozdan Yohuvaddo tug‘ildi, Yohuvaddodan Elimat, Ozmobit va Zimri tug‘ildilar. Zimridan Mo‘zo tug‘ildi, Mo‘zodan Bina tug‘ildi, Binadan Rafax tug‘ildi, Rafaxdan Elasax tug‘ildi, Elasaxdan Oziyol tug‘ildi. Oziyolning oltita o‘g‘li bo‘lib, ularning ismlari Ozrikom, Boxaru, Ismoil, Shariyo, Obodiyo va Xanon edi. Bularning hammasi Oziyolning o‘g‘illari edi. Oziyolning ukasi Eshexning uchta o‘g‘li bo‘lib, to‘ng‘ichi — Ulom, ikkinchisi — Yoush, uchinchisi Elifalet edi. Ulomning o‘g‘illari bahodir jangchi va kamonchilar edilar. Ularning ko‘p o‘g‘illari va nabiralari bor edi, hammasi bo‘lib 150 ta edi. Benyamin qabilasi mana shulardan iborat edi. Shunday qilib, butun Isroil xalqi nasabnomada qayd etilib, bu ma’lumotlarning hammasi “Isroil shohlari kitobi”ga kiritilgan. Yahudo xalqi Egamizga kilgan bevafoligi uchun Bobilga surgun qilingan edi. Birinchi bo‘lib surgundan o‘z shaharlaridagi mulklariga oddiy xalq qaytib keldi. Ular bilan birga ba’zi ruhoniylar, levilar va Ma’bad xizmatkorlari ham qaytishgandi. Yahudo, Benyamin, Efrayim va Manashe qabilasidan bo‘lganlar Quddusga borib o‘rnashdilar. Qaytib kelganlar orasida quyidagilar bor edi: Yahudo o‘g‘li Paraz naslidan bo‘lgan Utay. U Omihudning o‘g‘li, Omrining nabirasi, Imrining evarasi va Banixning chevarasi edi. Shelo naslidan — Sheloning to‘ng‘ich o‘g‘li Osoyoh va uning o‘g‘illari, Zerax naslidan — Yoval. Hammasi bo‘lib Yahudo qabilasidan Quddusga qaytib kelganlar 690 kishini tashkil qilar edi. Benyamin qabilasidan quyidagilar Quddusga qaytib kelgan edilar: Mashullom o‘g‘li Sallu. U Xo‘daviyoning nevarasi va Xassinuvaning evarasi edi. Yana Yeroxam o‘g‘li Yibnayo va Uzzi o‘g‘li Elox qaytib kelgan. Elox Mixrining nevarasi edi. Shafatiyo o‘g‘li Mashullom ham qaytib kelgan. U Ruvelning nevarasi va Yibniyoning evarasi edi. Nasabnomaga kiritilgan Benyamin nasli 956 kishini tashkil qilgan edi. Yuqorida aytib o‘tilganlarning hammasi urug‘boshilar edi. Quyidagi ruhoniylar Quddusga qaytib kelgan edilar: Yodayo, Yohayiriv va Yoxin. Yana Xudo uyining bosh amaldori Ozariyo qaytib kelgan edi. U Xilqiyoning o‘g‘li, Mashullomning nevarasi, Zodo‘xning evarasi va Oxitob o‘g‘li Maroyo‘tning chevarasi edi. Yeroxam o‘g‘li Odayo ham qaytib kelgandi. U Peshxurning nevarasi va Malkiyoning evarasi edi. Odil o‘g‘li Masay ham qaytib kelgandi. U Yaxzironing nevarasi, Mashullomning evarasi va Immar o‘g‘li Mashillamatning chevarasi edi. Hammasi bo‘lib 1760 ruhoniy qaytib kelgan edi. Ular urug‘boshilar bo‘lib, Xudoning uyida xizmat qilish uchun layoqatli edilar. Quyidagi levilar Quddusga qaytib kelgan edilar: Xashshub o‘g‘li Shamayo. U Marori urug‘idan bo‘lib, Ozrikomning nevarasi, Xashaviyoning evarasi edi. Yana Bog‘baqar, Xaresh, Galol va Mattaniyo qaytib kelgandi. Mattaniyo Mixaning o‘g‘li, Zixrining nevarasi va Osifning evarasi edi. Shamayo o‘g‘li Obodiyo ham qaytib kelgandi. U Galolning nevarasi va Yodutunning evarasi edi. Oso o‘g‘li Barxiyo ham qaytib kelgandi. U Elqananing nabirasi bo‘lib, Natufo shahrining qishloqlarida yashagan edi. Quddusga qaytib kelgan Ma’bad darvozabonlari quyidagilar edi: Shallum, Oqquv, Talmo‘n, Oximan va ularning qarindosh–urug‘lari. Shallum ularning boshlig‘i edi. Ular bugungacha sharq tomondagi Shoh Darvozasida soqchilik qilib kelmoqdalar. Levilar qarorgohiga qarashli darvozabonlar shulardir. Ebuasafning nabirasi Kori o‘g‘li Shallum va uning Ko‘rax urug‘idan bo‘lgan qarindoshlari Ma’badning darvozasida soqchilik qilganlar. Ularning ota–bobolari ham Egamizning chodiri kirishida soqchilik xizmatida bo‘lgan edilar. Elazar o‘g‘li Finxaz ilgari ularning ustidan boshliq edi. Egamiz u bilan birga edi. Mashalmiyo o‘g‘li Zakariyo ham Uchrashuv chodirining eshigida soqchilik qilgan edi. O‘sha kunlarda darvozani qo‘riqlash uchun hammasi bo‘lib 212 darvozabon tanlab olingan edi. Ular o‘z qishloqlarida nasabnomalari bo‘yicha ro‘yxatga olingan edilar. Ularni bu mas’ul vazifaga shoh Dovud bilan Shomuil payg‘ambar tayinlagan edilar. Bu darvozabonlar va ularning avlodlari Egamizning uyi eshiklarida soqchilik qilardilar. Ular Egamiz uyining sharq, g‘arb, shimol va janub tomonidagi eshiklarini qo‘riqlar edilar. Ularning qishloqlaridagi qarindoshlari aniq belgilangan bir muddatda kelib, ular bilan birga yetti kun davomida xizmat qilishga majbur edilar. To‘rtta bosh darvozabon Levi qabilasidan edi. Ular Xudoning uyidagi omborxona va xazinalar uchun mas’ul edilar. Xudoning uyini qo‘riqlash va ertalablari eshiklarini ochish ularning zimmasida bo‘lgani uchun, ular tunni Xudoning uyi yonida o‘tkazar edilar. Ba’zi levilar Ma’bad xizmatida foydalanadigan asbob–anjomlar uchun mas’ul edilar. Ularning vazifasi asbob–anjomlarni ishlatishdan oldin va ishlatilgandan keyin sanash edi. Levilarning ayrimlari jihozlarga, Muqaddas xonadagi boshqa buyumlarga hamda sifatli unga, sharobga, zaytun moyiga, tutatqiga va ziravorlarga mas’ul edilar. Biroq ziravorlarning aralashmasini faqat ruhoniylar tayyorlay olar edilar. Levilardan biri — Ko‘rax naslidan bo‘lgan Shallumning to‘ng‘ich o‘g‘li Mattitiyo nazr nonlarini pishirishga tayinlangan edi. Uning Qohot naslidan bo‘lgan ba’zi birodarlari esa Shabbat kuni xontaxtaga qo‘yiladigan muqaddas nonlarni tayyorlashga mas’ul edilar. Levilarning qo‘shiqchilari Ma’baddagi xonalarda yashar edilar. Ular urug‘boshilar bo‘lib, kechayu kunduz xizmatda bo‘lganlari uchun boshqa barcha vazifalardan ozod qilingan edilar. Yuqorida nomlari aytilgan levilar urug‘boshilar bo‘lib, nasabnoma ro‘yxatiga boshliqlar sifatida kiritilgan edilar. Ular Quddusda yashardilar. Yaviyol Givon shahrini qurib, o‘sha shaharda o‘rnashdi. Xotinining ismi Maxo, to‘ng‘ich o‘g‘lining ismi Abdo‘n, keyingilariniki Zur, Kish, Baal, Nar, Nadov, Gado‘r, Oxyo, Zakariyo va Mixlo‘t edi. Mixlo‘t Shimomning otasi edi. Bularning nasli Quddusda o‘z urug‘lari bilan yonma–yon yashardi. Nar — Kishning otasi, Kish shoh Shoulning otasi edi. Shoulning to‘rtta o‘g‘li bo‘lib, ismlari Yo‘natan, Malkishuva, Abunadov va Eshbaal edi. Yo‘natandan Maribaal tug‘ildi, Maribaaldan Mixo tug‘ildi. Mixoning Pito‘n, Malek, Taxriya va Oxoz degan o‘g‘illari bor edi. Oxozning Yorox ismli o‘g‘li bo‘lib, Yoroxning Elimat, Ozmobit va Zimri degan uch o‘g‘li bor edi. Zimridan Mo‘zo tug‘ildi, Mo‘zodan Bina tug‘ildi, Binadan Rafiyo, Rafiyodan Elasax, Elasaxdan Oziyol tug‘ildilar. Oziyolning oltita o‘g‘li bo‘lib, ularning ismlari Ozrikom, Boxaru, Ismoil, Shariyo, Obodiyo va Xanon edi. Oziyolning o‘g‘illari ana shular edilar. Filistlar Isroil lashkari bilan jang qildi. Isroil lashkari Filistlarning oldiga tushib qochib, ko‘plari Gilbova tog‘ida halok bo‘ldi. Filistlar Shoul bilan uning o‘g‘illari ortidan tushdilar. Natijada Shoulning o‘g‘illari Yo‘natan, Abunadov va Malkishuva o‘ldirildi. Shoulning atrofida jang tobora avjiga chiqdi. Shu payt Filist kamonchilari Shoulga qarata o‘q otdilar. Shoul yaralandi. U qurolbardoriga: — Qilichingni sug‘urgin–da, menga sanch, toki anavi sunnatsizlar kelib, meni xo‘rlamasinlar, — dedi. Lekin qurolbardori qo‘rqdi, Shoulning aytganini qilmadi. Shunda Shoul qilichini qinidan sug‘urib, o‘zini qilich ustiga tashladi. Qurolbardori ham Shoulning halok bo‘lganini ko‘rib, o‘zini qilichi ustiga tashlab, o‘ldi. Shunday qilib, Shoul, uning uchala o‘g‘li va butun xonadoni bir kunda halok bo‘lishdi. Yizril vodiysida yashaydigan Isroil xalqi o‘z sipohlarining qochganini, Shoul bilan o‘g‘illari o‘lganini ko‘rishdiyu, shaharlarini tashlab qochishdi. Filistlar bu shaharlarga kelib o‘rnashib olishdi. Ertasi kuni Filistlar halok bo‘lganlarni talon–taroj qilgani jang maydoniga kelishdi. Birdan ular Gilbova tog‘ida Shoul bilan uning o‘g‘illari jasadlarini ko‘rib qolishdi. Ular Shoulning kiyimlarini yechishdi, boshini kesib, qurollarini olishdi. Filist yurti bo‘ylab xabarchilar jo‘natib, bu xushxabarni butxonalariga, xalqqa eshittirishdi. Shoulning qurol–aslahasini o‘z xudolari uyiga qo‘yishdi, boshini esa xudo Do‘g‘on uyining devoriga qoqib qo‘yishdi. Giladdagi jamiki Yobosh aholisi Filistlarning Shoulga qilgan hamma narsasini eshitishdi. Shunda hamma jasur yigitlar Shoul bilan o‘g‘illarining jasadlarini olib, Yoboshga olib borishdi. Suyaklarini Yoboshdagi eman daraxti tagiga dafn qilgach, yetti kun ro‘za tutishdi. Shunday qilib, Shoul Egamizga qilgan bevafoligi uchun halok bo‘lgan edi. U Egamizning so‘ziga itoat etmadi. Buning ustiga, arvoh chaqiruvchiga maslahat solgan edi. Egamizning xohish–irodasini esa so‘ramadi. Shuning uchun Egamiz uni o‘ldirib, shohlikni Essay o‘g‘li Dovudga berdi. Jamiki Isroil xalqi Xevronga — Dovudning huzuriga yig‘ilib shunday dedi: — Biz sizning jigaringizmiz. Ilgari Shoul shoh bo‘lganda ham, urushlarda Isroil lashkariga o‘zingiz bosh bo‘lar edingiz. Egangiz Xudo sizga: “Sen xalqim Isroilning cho‘poni bo‘lib, ularni boqasan, xalqim Isroilga sen rahnamolik qilasan”, deb aytgan edi. Shunday qilib, Dovud Xevronda Isroil oqsoqollari bilan Egamiz oldida ahd qildi. Isroil oqsoqollari, Egamizning Shomuil orqali bergan so‘ziga muvofiq, Dovudning boshiga moy surtib, uni Isroil ustidan shoh qilib ko‘tarishdi. Shoh Dovud bilan hamma Isroil sipohlari Quddusga yurish qildilar. O‘sha davrda Quddus shahri Yobus deb atalgan bo‘lib, u yerning o‘troq xalqi Yobus xalqi deb atalar edi. Yobus aholisi Dovudga: “Sen hech qachon shaharga kira olmaysan”, dedilar. Ammo Dovud Sion qal’asiga bostirib kirib, qal’ani egalladi. Keyinchalik bu qal’aga “ Dovud qal’asi ”, deb nom berildi. Dovud: “Kimki Yobuslarga birinchi bo‘lib hujum qilsa, u lashkarboshi bo‘ladi”, deb aytgan edi. Zeruya o‘g‘li Yo‘ab birinchi bo‘lib hujum qildi va lashkarboshi bo‘ldi. Dovud qal’ada yashay boshladi. Shuning uchun bu joy “Dovud qal’asi”, deb nom oldi. U Millo degan joydan boshlab butun shahar atrofini devor bilan mustahkamladi. Yo‘ab esa shaharning qolgan joylarini tuzatdi. Dovud tobora kuchayib borardi, chunki Sarvari Olam unga yor edi. Quyida shoh Dovudning bahodir jangchilari ro‘yxati berilgan. Ular qolgan Isroil xalqi bilan birgalikda Egamizning va’dasiga muvofiq Dovudni shoh deb e’lon qilganlar hamda uning shohligi uchun kuchli tayanch bo‘lganlar. Dovudning bahodir jangchilari quyidagicha: birinchisi — Xaxmo‘n o‘g‘li Yoshuvam. U “Uchta qahramon”ning sardori bo‘lib, nayzasi bilan uch yuz kishiga hujum qilganda hammasini bir jangda o‘ldirgan edi. “Uchta qahramon”dan ikkinchisi Oxo‘va urug‘idan Do‘do‘ o‘g‘li Elazar edi. Filistlar jang qilish uchun Pas–Dammimda to‘planganda, Elazar Dovud bilan birga edi. U yerdagi dalaning bir qismiga arpa ekilgan edi. Isroil lashkarlari qocha boshlagach, Elazar bilan Dovud dalaning o‘rtasida turib olib, u yerni himoya qilishdi. Filistlarni qirib tashlashdi. Egamiz ularni katta g‘alabaga erishtirdi. “O‘ttizta qahramon” guruhi tarkibiga kirgan o‘sha uchta qahramon Dovudning yoniga — Adullam g‘ori oldidagi qoyaga ketishdi. Rafa soyligida Filistlar lashkari qarorgoh qurgan edi. Bu paytda Dovud o‘zining adirdagi qarorgohida edi. Bitta Filist qo‘nolg‘asi esa Baytlahmda joylashgan edi. Dovud hasrat bilan: — Qaniydi birortasi Baytlahm darvozasining yonidagi quduqdan menga suv olib kelib bersa! — dedi. O‘sha uchta qahramon Filistlar qarorgohini yorib o‘tishdi–da, Baytlahmdagi darvozaning yonidagi quduqdan suv tortib, Dovudga olib kelishdi. Lekin Dovud suvni ichmay, yerga to‘kib, Egamizga bag‘ishladi. — Bunday qilishdan meni Xudoyimning O‘zi asrasin! — deb xitob qildi u. — Shu yigitlarning qonini ichaymi? Axir, ular jonini xavf–xatarga qo‘yib suv olib kelishdi–ku! Shuning uchun ham Dovud suvni ichishni istamadi. “Uchta qahramon” ana shunday jasurlik ko‘rsatishgan edi. Yo‘abning akasi Abushay “O‘ttizta qahramon”ning sardori edi. Abushay nayzasi bilan uch yuz kishini o‘ldirdi. Shu tariqa u “Uchta qahramon” singari dong taratdi. U “O‘ttizta qahramon”dan ham mashhur edi, ularning yo‘lboshchisi bo‘ldi. Lekin “Uchta qahramon” qatoriga kirmasdi. Kabzayol shahridan Yohayido o‘g‘li Binayo degan jasur bir jangchi bor edi. U ajoyib ishlar qildi, Mo‘ablik ikki dovyurak odamni o‘ldirdi. Qor yoqqan kunda bir xandaqqa tushib, sherni o‘ldirdi. Yana bo‘yi besh tirsak keladigan devday bir Misrlikni ham o‘ldirdi. Misrlikning qo‘lidagi nayzasi to‘quvchining dastgohi xodasiday kelardi. Binayo uning ustiga tayoq bilan bostirib bordi. Nayzani Misrlikning qo‘lidan tortib oldi–da, o‘sha nayza bilan uni o‘ldirdi Binayoning qilgan ishlari ana shulardir. Shu tariqa Binayo “Uchta qahramon” kabi dong taratdi. U “O‘ttizta qahramon” orasida shuhrat topdi, lekin “Uchta qahramon”dan biri hisoblanmasdi. Dovud uni qo‘riqchilar sardori qilib tayinladi. Boshqa bahodir jangchilar quyidagilardir: Yo‘abning ukasi Osoyil, Baytlahm shahridan Do‘do‘ o‘g‘li Elxanon, Xaro‘d shahridan Shammo‘t, Palonlik Xalez, Taxuva shahridan Ixesh o‘g‘li Ero, Onoto‘t shahridan Abuazar, Xusha shahridan Sibbaxay, Oxo‘va urug‘idan Ilay, Natufo shahridan Maxray va Banax o‘g‘li Xaled, Benyamin naslidan Givolik Ribay o‘g‘li Itay, Piraton shahridan Binayo, Gash soyliklaridan Xuray, Bayt–Araba shahridan Abil, Baxarumlik Ozmobit, Shalbim shahridan Eliyaxba, Gizonlik Xoshim o‘g‘illari, Xaror shahridan Shaxey o‘g‘li Yo‘natan, Xarorlik Soxor o‘g‘li Oxiyom, Ur o‘g‘li Elifal, Maxirotlik Xafer, Palonlik Oxiyo, Karmil shahridan Xazro, Ezbay o‘g‘li Naray, Natanning ukasi Yo‘el, Xagri o‘g‘li Mivxor, Ommon xalqidan Zilax, Bero‘t shahridan Zeruya o‘g‘li Yo‘abning qurolbardori Naxray, Yitar urug‘idan Ero va Goriv, Xet xalqidan Uriyo, Oxlay o‘g‘li Zobod, Ruben qabilasining yo‘lboshchisi Shizo o‘g‘li Adinax va uning o‘ttiz jangchisi, Maxo o‘g‘li Xanon, Mitanlik Yoshafat, Ashtarutlik Uzziya, Arorlik Xo‘tamning o‘g‘illari Shomo va Yaviyol, Shimri o‘g‘li Yodiyol va uning ukasi Tizlik Yo‘xo, Maxavlik Eliel, Elnamning o‘g‘illari Yarivay va Yo‘shaviyo, Mo‘ab yurtidan Yitmo, Eliel, Obid va Zo‘volik Yasiyol. Birmuncha vaqt oldin Dovud shoh Shouldan qochib, Zixlax shahrida yashab yurgan paytda ba’zi bahodir jangchilar unga qo‘shilgan edilar. Urushlarda Dovud tomonida jang qilgan bu jangchilar Benyamin qabilasidan, Shoulning qarindosh–urug‘laridan edilar. Ular mohir kamonchilar bo‘lib, ham o‘ng, ham chap qo‘li bilan o‘q va toshlarni otar edilar. Ularning bosh sardori Givolik Shamoning o‘g‘li Oxazar edi. Uning ukasi Yo‘sh sardorning o‘ng qo‘l yordamchisi edi. Quyidagilar esa jangchilar edi: Ozmobitning o‘g‘illari — Yiziyol va Palat, Baraka va Onoto‘tlik Yohu, “O‘ttiz qahramonning” sardori va mohir jangchisi — Givonlik Yishmayo, Yeremiyo, Yaxaziyol, Yo‘xanon, Gederalik Yo‘zabad, Eluzay, Yarimo‘t, Boliyo, Shamariyo va Xaruflik Shafatiyo, Ko‘rax naslidan — Elqana, Ishshiyo, Ozariyol, Yo‘azar va Yoshuvam, Gado‘rlik Yeroxamning o‘g‘illari — Yo‘elax va Zabadiyo. Gad qabilasidan ba’zilari Dovudga qo‘shilmoqchi bo‘lib, adirlardagi pana joylarga bordilar. Ular tajribali bahodir jangchilar bo‘lib, qalqon va nayzani ustalik bilan ishlatardilar. Sherday jasur, tog‘lardagi kiyikday chaqqon edilar. Eyzar ularning bosh sardori bo‘lib, ikkinchisi — Obodiyo, uchinchisi — Eliyob, to‘rtinchisi — Mishmanax, beshinchisi — Yeremiyo, oltinchisi — Attay, yettinchisi — Eliel, sakkizinchisi — Yo‘xanon, to‘qqizinchisi — Elzabad, o‘ninchisi — Yeremiyo, o‘n birinchisi Maxbannay edi. Gad qabilasidan bo‘lgan bu jangchilar sardorlar bo‘lib, orasidagi eng zaifi yuz kishiga, eng kuchlisi esa ming kishiga bas kelar edi. Ular Iordan daryosining toshqin mavsumida — yilning birinchi oyida daryodan kechib o‘tib, sharqiy va g‘arbiy qirg‘oqlardagi vodiylarda yashaydigan xalqni quvib chiqargan edilar. Bir kuni Benyamin va Yahudo qabilasidan ba’zilar adirlardagi pana joylarga, Dovudning yoniga keldilar. Dovud ularni kutib olgani chiqib, ularga aytdi: “Agar bu yerga tinchlik bilan, menga yordam bergani kelgan bo‘lsangiz, qatorimizga marhamat qilinglar. Bordi–yu, meni dushmanlarim qo‘liga topshirmoqchi bo‘lib kelgan bo‘lsangiz, ota–bobolarimizning Xudosi buni ko‘rib jazoingizni bersin. Men sizlarga hech qanday yomonlik qilganim yo‘q.” Shunda “O‘ttizta qahramon”ning sardori Emosayni Xudoning Ruhi qamrab oldi va Emosay gapira boshladi: “Biz siznikimiz, ey Dovud! Siz tomondamiz, Ey Essay o‘g‘li! Omon bo‘ling, iloyim omon bo‘ling! Sizga yordam berganlar ham omon bo‘lsin! Sizni qo‘llagan Xudoyingizning O‘zidir.” Dovud ularni qatoriga qo‘shib, lashkarining sardorlari qilib tayinladi. Dovud Filistlarga qo‘shilib, Shoulga qarshi urushga otlanganda, Manashe qabilasidan ba’zilari Dovud tomonga o‘tib olgan edilar. Biroq natijada Dovud Filistlar tomonida jang qila olmagan edi, chunki Filist beklari maslahatlashib: “Agar Dovud o‘z xo‘jayini Shoul tomonga o‘tib olsa, boshimiz ketadi”, deb uni orqaga qaytarib yuborgan edilar. Dovud Zixlaxga qaytib ketayotganda, uning tomoniga Manashe qabilasidan quyidagilar o‘tib olgan edilar: Adnax, Yo‘zabad, Yodiyol, Mikoyil, Yo‘zabad, Elixu, Zillatay. Ular Manashe qabilasining mingboshilari hamda bahodir jangchilari bo‘lganlari uchun Dovud ularni o‘z lashkari ustidan lashkarboshilar qilib tayinladi. Ular bosqinchi to‘dalarni yo‘q qilishda Dovudga yordam bergan edilar. Kundan kunga Dovudga qo‘shilgan odamlarning soni ko‘payib borar edi. Natijada Xudoning lashkari singari buyuk bir lashkar hosil bo‘ldi. Dovud Xevronda turgan paytda ko‘p mohir jangchilar kelib, uning lashkari qatoriga qo‘shilgan edilar. Egamizning so‘ziga binoan, Shoulning o‘rniga Dovudni taxtga o‘tqizmoqchi bo‘lgan o‘sha jangchilarning soni quyidagicha edi: Yahudo qabilasidan qalqon va nayza bilan qurollangan 6.800 kishi. Shimo‘n qabilasidan — 7.100 bahodir jangchi. Levi qabilasidan — 4.600 kishi. Bularning qatoriga Horun xonadonining yo‘lboshchisi Yohayido va uning 3.700 odami, yosh jangchi Zodo‘x va uning urug‘idan 22 sardor ham kirgan edi. Benyamin qabilasidan — Shoulga qarindosh bo‘lgan 3.000 kishi. Benyamin qabilasining ko‘pchiligi shu paytgacha Shoul xonadoniga sadoqatini saqlab kelgan edi. Efrayim qabilasidan — o‘z urug‘ida dong taratgan 20.800 bahodir jangchi. Iordan daryosining g‘arb tomonidagi Manashe qabilasining yarmidan — 18.000 kishi. Ular maxsus tanlab olingan bo‘lib, Dovudni shoh qilish maqsadi bilan Xevronga kelgan edilar. Issaxor qabilasidan — 200 lashkarboshi va ularning qo‘l ostidagi odamlari. Bu lashkarboshilar Isroil xalqining nima qilishini va qachon qilishini yaxshi bilishar edi. Zabulun qabilasidan — 50.000 mohir jangchi. Ular Dovudga cheksiz sadoqati bilan xizmat qilish uchun tish–tirnog‘igacha qurollanib, jangga tayyor bo‘lib kelgan edilar. Naftali qabilasidan — 1.000 sardor hamda qalqon va nayza bilan qurollangan 37.000 kishi. Dan qabilasidan — jangga tayyor 28.600 kishi. Osher qabilasidan — jangga tayyor 40.000 mohir jangchi. Iordan daryosining sharq tomonidagi Ruben, Gad qabilalaridan va Manashe qabilasining yarmidan — 120.000 kishi. Ular barcha jang aslahalari bilan qurollangan edilar. Bu jangchilarning hammasi jangovar holatda bo‘lib, Dovudni butun Isroil ustidan shoh qilish maqsadida Xevronga kelgan edilar. Isroilning qolgan xalqi ham Dovudni shoh qilish maqsadiga qo‘shilgan edi. Jangchilar Dovudning huzurida uch kun qolib, qarindoshlari tayyorlagan ozuqa ichimliklardan yeb, ziyofat qilishdi. Shimoldagi Issaxor, Zabulun va Naftali qabilalarining olis hududlaridan ham odamlar kelishgan edi. Ular eshak, tuya, xachir, ho‘kizlarga yeguliklar ortib, bir talay un, anjir qoqisi, mayiz, sharob, zaytun moyi olib kelishgan edi. Bulardan tashqari, ko‘plab mol va qo‘ylarni yetaklab kelishgandi. Ha, butun Isroilda xursandchilik hukmron edi. Dovud har bir lashkarboshi — mingboshi va yuzboshi bilan maslahatlashdi. [2-3] So‘ng butun Isroil jamoasiga dedi: “Shoh Shoul davrida biz Xudoyimizning ahd sandig‘iga e’tiborsiz bo‘lib keldik. Bordi–yu, siz buni lozim topsangiz va bunga Egamiz Xudoning irodasi bo‘lsa, kelinglar, ahd sandig‘ini qaytarib olib kelaylik. Buning uchun butun Isroil bo‘ylab xabar jo‘natib yurtdagi jamiki qarindosh–urug‘larimizni shu yerga yig‘aylik, o‘z shaharlarida yashaydigan ruhoniyu levilar ham oldimizga yig‘ilib kelishsin.” *** Butun jamoaga bu taklif ma’qul tushib, hamma taklifga rozi bo‘ldi. Shunday qilib, Dovud Xudoning sandig‘ini Xirat–Yorimdan Quddusga olib kelish uchun butun yurtdagi — Misrdagi Shixor daryosidan tortib, to shimoldagi Levo–Xomat shahriga qadar bo‘lgan joylardagi jamiki Isroil xalqini to‘pladi. Ular birgalikda Xudoning ahd sandig‘ini olib kelish uchun Yahudodagi Baalax, ya’ni Xirat–Yorim shahriga yo‘l olishdi. Ahd sandig‘i ikki karub uzra taxt qurgan Egamizning nomi bilan atalgan edi. Xudoning sandig‘i Abunadovning uyida edi. Sandiq yangi arava ustiga ortilgach, Uzzox bilan Oxyo aravani haydab ketishdi. Dovud va jamiki Isroil xalqi Xudoning huzurida berilib, o‘yin–kulgi qilayotgan edilar. Ular lira, arfa, childirma, zang va karnaylar chalib, qo‘shiklar bilan bu voqeani bayram qilayotgan edilar. Ular Xidon degan odamning xirmoniga yetganlarda, ho‘kizlar qoqilib ketdi. Uzzox sandiqni ushlab qolmoqchi bo‘lib qo‘lini uzatdi. Lekin Uzzox hurmatsizlik qilgani uchun, Egamiz undan g‘azablandi. Uzzoxni urib, jonini oldi. Uzzox o‘sha yerda — Xudoning oldida jon berdi. Egamiz Uzzoxni urgani uchun, Dovud qattiq g‘azablandi. O‘sha kundan buyon shu joy “Paraz–Uzzox”, deb aytiladi. Dovud o‘sha kuni Xudodan qo‘rqib: “Qanday qilib Xudoning sandig‘ini o‘zim bilan olib kela olar ekanman?” deb o‘yladi. U sandiqni o‘zi bilan Dovud qal’asiga olib bormay, uni Gatlik Obidadomning uyiga tashlab ketdi. Xudoning sandig‘i u yerda uch oy turdi. Obidadomning xonadoniga va jamiki mol–mulkiga Egamiz baraka berdi. Tir shohi Xiram Dovudga elchilar jo‘natib, uning uchun saroy qurdirish niyatida sadr yog‘ochlarini, tosh teruvchilar va duradgorlarni ham yo‘lladi. Dovud endi bildiki, Egamiz uni Isroil ustidan shoh qilib tayinlagan ekan, O‘z xalqining haqi–hurmati uchun uning shohligini nihoyatda yuksaltirgan ekan. Dovud Quddusda yana xotinlar oldi, ulardan yanada ko‘p o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Dovudning Quddusda tug‘ilgan farzandlari quyidagilar edi: Shammuva, Sho‘vav, Natan, Sulaymon, Yibxar, Elishuva, Elfalat, No‘g‘ax, Nafax, Yofiya, Elishama, Balyodo va Elifalet. Filistlar: “Dovudga moy surtilibdi. U butun Isroil xalqi ustidan shoh bo‘libdi”, degan xabarni eshitishdi. Shundan keyin barcha Filist lashkari Dovudni qidirib jangga otlandilar. Dovud bundan xabardor bo‘lgach, ularga qarshi saf torttirdi. Filistlar kelib, Rafa soyligini talon–taroj qila boshladilar. Dovud Xudodan: — Filistlarga hujum qilaymi? Ularni qo‘limga berasanmi? — deb so‘radi. — Hujum qil! — deb javob berdi Egamiz Dovudga, — ularni qo‘lingga beraman. Shunday qilib, Dovud Baal –Perazimga borib, u yerda Filistlarni tor–mor qildi. Keyin shunday dedi: — Suv to‘g‘ondan toshib dalani bosgani singari, Egam g‘animlarimni bosib, mening qo‘lim bilan ularni uloqtirib yubordi. Shu sababdan bu yerga “Baal–Perazim” degan nom berildi. Filistlar o‘sha yerda xudolarini tashlab qochgan edilar, Dovud ularni yondirib yuborishni buyurdi. Ko‘p o‘tmay Filistlar soylikka qaytib kelib, u yerlarni yana talon–taroj qila boshladilar. Dovud tag‘in Xudoning xohish–irodasini so‘radi. Xudo esa unga shunday javob berdi: “Sen ularning qarshisidan hujum qilma. Ularni aylanib o‘tgin–da, mumiyoli daraxtlar tomondan yaqinlashib bor. Mumiyoli daraxtlar tepasida qadam tovushlarini eshitganing zahoti ularga hujum qil. O‘shanda Men Filist lashkarini yo‘q qilish uchun sening qarshingdan chiqqan bo‘laman.” Dovud Xudo amr berganiday qilib, Givondan Gezer shahrigacha bo‘lgan joylarda Filistlar lashkarini tor–mor qildi. Dovudning dong‘i hamma yurtlarga tarqaldi. Egamiz hamma xalqlarni undan qo‘rqadigan qilib qo‘ydi. Dovud o‘zi uchun Dovud qal’asida uylar barpo qildi. Xudoning sandig‘i uchun ham joy tayyorlab, chodir qurdi. Keyin u shunday amr berdi: “Xudoning sandig‘ini faqat levilar ko‘tarib yursin. Zero, Egamiz O‘z sandig‘ini ko‘tarib yurish uchun levilarni tanlagandir. Ularni O‘ziga abadiy xizmat qilish uchun tanlab olgandir.” Dovud o‘zi tayyorlagan joyga Egamizning sandig‘ini olib kelish uchun jamiki Isroil xalqini Quddusda to‘pladi. So‘ngra quyidagi Horun naslini va levilarni yig‘di: Qohot naslidan — urug‘boshi Uriyol va u bilan birga uning 120 qarindoshi, Marori naslidan — urug‘boshi Osoyoh va u bilan birga 220 qarindoshi, Gershon naslidan — urug‘boshi Yo‘el va u bilan birga 130 qarindoshi, Elizofon naslidan — urug‘boshi Shamayo va u bilan birga 200 qarindoshi, Xevron naslidan — urug‘boshi Eliel va u bilan birga 80 qarindoshi, Uziyol naslidan — urug‘boshi Ominadov va u bilan birga 112 qarindoshi. Dovud ruhoniylar Zodo‘x bilan Abuatarni, levilardan Uriyol, Osoyoh, Yo‘el, Shamayo, Eliel va Ominadovni chaqirib, ularga dedi: “Sizlar Levi qabilasining urug‘boshilarisiz. Shunday ekan, Isroil xalqining Xudosi — Egamizning sandig‘ini men tayyorlagan joyga olib kela olishingiz uchun, o‘zlaringizni va qarindoshlaringizni poklanglar. Oldingi safar sandiqni levilar olib kelmagani uchun, Egamiz Xudo bizdan qattiq g‘azablangan edi. Ha, biz Undan sandiqni qanday olib kelishimiz kerakligini so‘ramagan edik.” Ruhoniylar va levilar Isroil xalqining Xudosi — Egamizning sandig‘ini olib kelish uchun o‘zlarini pokladilar. Ular Egamizning Muso orqali bergan amriga muvofiq Xudoning sandig‘ini xodalar bilan yelkalariga ortib, ko‘tarib ketdilar. Bulardan tashqari, Dovud Levi qabilasining urug‘boshilariga qarindoshlari orasidan sozandalarni tayinlashni buyurgan edi. Ular arfa, lira va zanglarni chalib, bu musiqa asboblarning jo‘rligida shodiyona qo‘shiqlar aytishlari kerak edi. Levilar Marori urug‘idan quyidagi sozandalarni tayinlagan edilar: Yo‘el o‘g‘li Xaman, Barxiyo o‘g‘li Osif va Qushayo o‘g‘li Etxan. Ularning yordamchilari qilib quyidagilar tayinlangan edi: Zakariyo, Yaziyol, Shamiromo‘t, Yoxiyol, Unno, Eliyob, Binayo, Masiyo, Mattitiyo, Elifaleh, Mixniyo hamda darvozabonlar Obidadom va Yaviyol. Sozandalardan Xaman, Osif va Etxan bronza zanglar chalishlari kerak edi. Zakariyo, Aziel, Shamiromo‘t, Yoxiyol, Unno, Eliyob, Masiyo va Binayo arfalarni chalishlari kerak edi. Mattitiyo, Elifaleh, Mixniyo, Obidadom, Yaviyol va Ozaziyo esa sakkiz torli liralarni chalib, kuyda yetakchilik qilishlari kerak edi. Levilarning boshlig‘i Xonaniyo mohir sozanda bo‘lgani uchun, uni qo‘shiqchilar rahbari qilib tayinlagan edilar. [23-24] Ahd sandig‘ini qo‘riqlash uchun Barxiyo, Elqana, Obidadom va Yoxiyo tayinlangan edilar. Ruhoniylar Shabaniyo, Yoshafat, Natanil, Emosay, Zakariyo, Binayo va Eliazar Xudoning sandig‘i oldida karnaylar chalib borishlari kerak edi. *** Dovud, Isroil oqsoqollari va mingboshilar Egamizning ahd sandig‘ini Obidadomning uyidan olib kelish uchun katta tantana bilan ketdilar. Ahd sandig‘ini ko‘tarib kelayotgan levilarga Xudoning O‘zi yordam berdi. Shu sababdan ular yettita buqa va yettita qo‘yni qurbonlik qildilar. Sandiqni ko‘tarib kelayotgan barcha levilar, qo‘shiqchilar va qo‘shiqchilar rahbari Xonaniyo singari Dovud ham mayin zig‘irdan to‘qilgan rido kiyib olgan edi. Ridodan tashqari Dovud ruhoniylarning muqaddas libosini ham kiygan edi. Shunday qilib, butun Isroil xalqi sevinchli xitoblar bilan, burg‘u, karnay, zang sadolari hamda arfa va lira kuylari ostida Egamizning ahd sandig‘ini olib keldi. Egamizning ahd sandig‘i Dovud qal’asiga kirib kelayotganda, Shoulning qizi Mixal derazadan qarab turgan edi. U sakrab o‘ynayotgan shoh Dovudni ko‘rdiyu, o‘z ko‘nglida uni past ko‘rdi. Levilar Xudoning sandig‘ini Dovud qurdirgan chodirning ichkarisiga olib kirib qo‘ydilar. Keyin Xudoga kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari keltirdilar. Dovud qurbonliklar qilib bo‘lgandan keyin, Egamizning nomidan xalqni duo qildi. So‘ng Isroil jamoasidagi har bir odamga — erkagu ayolga, bir donadan gardish non, bir hovuchdan xurmo va bir hovuchdan mayiz tarqatdi. U levilardan ba’zilarini Egamizning sandig‘i oldida xizmat qilish uchun tayinladi. Ular Isroil xalqining Xudosi — Egamizni ulug‘lab, Unga shukronalar aytishlari va madhlar kuylashlari kerak edi. Osif ularning rahnamosi edi, uning yordamchilari esa: Zakariyo, Yaviyol, Shamiromo‘t, Yoxiyol, Mattitiyo, Eliyob, Binayo, Obidadom va Yaviyol edilar. Ular arfa va lira sozandalari, Osifning o‘zi zang sozandasi, ruhoniylar Binayo bilan Yaxaziyol esa karnay sozandalari bo‘lib, ular har kuni Xudoning ahd sandig‘i oldida musiqiy asboblarini chalishlari kerak edi. O‘sha kuni Dovud birinchi marta Osif bilan uning qarindoshlari zimmasiga Egamizga hamdu sanolar aytish mas’uliyatini yuklagan edi. Egamizga shukr ayting, Unga sajda qiling, Boshqa xalqlar orasida Uning ishlarini bildiring. Tarannum qilib Uni, hamdu sano ila qo‘shiq ayting, Uning jamiki ajoyib ishlarini so‘zlab bering. Egamizning muqaddas nomi ila faxrlaning, Egamizga yuz burganlarning qalbi shodlikka to‘lsin. Egamizga yuz buring! Uning qudratiga, Uning huzurida bo‘lishga intiling. [12-13] Ey, sizlar, Egamizning quli Isroil nasli, Ey, Yoqub o‘g‘illari — Egamizning tanlaganlari, Esda tuting Egamiz qilgan ajoyibotlarni, Uning mo‘jizalarini, chiqargan hukmlarini. *** U Egamiz Xudodir, U chiqargan hukmlar butun yer yuzidadir. O‘z ahdini U to abad yoddan chiqarmas, Minglab nasllarga bergan va’dasini aslo unutmas. Rioya qilar U Ibrohim bilan qilgan ahdiga, Is’hoqqa qasam ichib bergan va’dasiga. Yoqub uchun bu ahdni bir qonun qildi, Ha, Isroil uchun abadiy bir ahd qildi. Aytdiki: “ Kan’on yurtini senga beraman, Uni mulk uchun ulush qilib beraman.” U zamon ularning soni kam edi, Ha, juda kam edilar. Ular bu yurtga kelgindi edi. Kezardi bir xalqdan boshqasiga, Bir shohlikdan boshqa yurtga. Hech kim ularni ezishlariga Egamiz yo‘l qo‘ymadi, Ularni deb shohlarga tanbeh berdi. Aytdiki: “Men tanlaganlarga tegmanglar, Payg‘ambarlarimga zarar keltirmanglar.” Ey olam, Egamizni tarannum eting! Har kun Uning najotidan so‘ylang. E’lon qiling elatlar orasida Uning shuhratini, Jamiki xalqlar orasida Uning ajoyibotlarini. Egamiz buyukdir, ko‘p maqtovga loyiqdir, Jamiki xudolardan U izzatlidir. Zotan, xalqlarning hamma xudolari butlardir, Egamiz esa samolarni yaratgandir. Shuhratu ulug‘vorlik Uning huzuridadir, Qudratu shodlik Uning maskanidadir. Egamizga hamdlar ayting, ey zamin xalqlari! Egamizning qudratiyu shuhratiga hamdlar o‘qing! Egamizning sharafiga hamdlar o‘qing! Nazrlar keltirib, Uning huzuriga kiring! Muqaddas libosda Egamizga sajda qiling! Ey, zamin ahli, Uning oldida titrab turing! Olam mustahkam o‘rnashgan, hech qachon tebranmaydi. Samolar shod bo‘lsin, zamin quvonsin, Elatlar orasida aytishsin: “Egamiz shohdir!” Dengizu undagi hamma jonzot guvullasin. Dalalaru undagi har narsa sevinch ila jo‘shsin, Shunda o‘rmondagi hamma daraxt shodlikdan qo‘shiq aytsin. Egamiz oldida ular qo‘shiq aytar, Ana, Zaminni boshqarmoq uchun U kelayotir. Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir! Uning sodiq sevgisi abadiydir. Yana shunday deb aytinglar: “Ey najotkorimiz Xudo, bizlarni qutqar, Xalqlar orasidan bizni to‘plab ol, O‘zing muqaddassan, Senga shukr aytaylik, Sening madhlaring bilan faxrlanaylik. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga To abad olqishlar bo‘lsin.” Shundan keyin jamiki xalq: “Omin!” deb Egamizga hamdu sanolar aytdi. Dovud Osifni va uning qarindoshlarini Egamizning ahd sandig‘i oldidagi doimiy xizmatga tayinladi. Ular har kuni o‘sha yerda o‘z vazifalarini bajarar edilar. Ularga bu xizmatda Obidadom va uning oltmish sakkizta qarindoshi yordam berishlari kerak edi. Yodutun o‘g‘li Obidadom va Xo‘sax darvozabon edilar. Dovud ruhoniy Zodo‘xni va uning ruhoniy qarindoshlarini Givondagi sajdagohda, Egamizning Muqaddas chodirida xizmat qilishga tayinladi. Ular, Egamizning Isroil xalqiga bergan qonuniga muvofiq, har kuni ertalab va kechqurun qurbongoh ustida qurbonliklar kuydirishlari lozim edi. Ularning yonida Xaman, Yodutun va nomma–nom aytib tanlangan boshqa odamlar ham xizmat qilib, Egamizga: “Uning sodiq sevgisi abadiydir”, deya hamdu sano aytishlari kerak edi. Xaman bilan Yodutun hamdu sanoning kuyi uchun mas’ul bo‘lib, karnay, zang va boshqa musiqa asboblarini chalishlari kerak edi. Yodutunning o‘g‘illari darvozabon qilib tayinlangan edi. Shundan keyin hamma odamlar uylariga qaytib ketdilar, Dovud ham o‘z oilasini duo qilgani uyiga qaytdi. Dovud o‘z saroyiga o‘rnashib olgach, Natan payg‘ambarga dedi: — Qarang, men sadr yog‘ochidan qurilgan uyda yashayapman, Egamizning ahd sandig‘i esa chodirda turibdi. — Ko‘nglingda nima bo‘lsa, shuni qilaver, Xudo sen bilan, — dedi Natan. O‘sha kuni kechasi Natanga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi: — Qulim Dovudning oldiga borgin–da, unga shu gaplarni yetkaz: “Egam shunday demoqda: Istiqomat qilishim uchun uyni Menga sen qurmaysan. Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanimdan to shu kungacha biror uyda yashagan emasman. U yerdan bu yerga ko‘chib, chodirda maskan qilib yurdim. Men hech qachon Isroil xalqining rahnamolariga — xalqimning cho‘ponlariga shikoyat qilmadim. Hech qachon ularning birortasiga: “Nima uchun menga sadr daraxti yog‘ochidan uy qurib bermadingizlar?” deb aytmadim.” — Endi qulim Dovudga ayt: “ Sarvari Olam shunday demoqda: Men seni yaylovlardagi qo‘y suruvi orasidan tanlab olib, xalqim Isroilga rahnamo qildim. Qayerga borsang, sen bilan bo‘ldim, hujum qilganingda, hamma g‘animlaringni yo‘q qildim. Endi sening nomingni olamdagi ulug‘ odamlarning nomi singari mashhur qilaman. [9-10] Xalqim Isroilga ilk hakamlarni tayinlaganimdan buyon vijdonsiz odamlar xalqimni ezib keldilar. Endi xalqim Isroil uchun bir yurt tayin etib, ularni o‘sha yerga o‘tqazaman. Ular o‘z yurtida istiqomat qilishadi, boshqa behalovat bo‘lishmaydi. Hamma g‘animlaringni senga bo‘ysundiraman. Men, Egang, sen uchun bir xonadon barpo etaman, deb aytmoqdaman. *** Sen olamdan o‘tib, ota–bobolaring yoniga dafn qilinganingdan keyin ham, o‘g‘illaringdan birini shoh qilib, uning shohligini mustahkamlayman. Menga atab uyni u quradi. Men esa uning taxtini to abad mustahkam qilaman. Men unga ota bo‘laman, u esa Menga o‘g‘il bo‘ladi. Men sendan oldingi shohni inoyatimdan mahrum qilgan edim. Lekin o‘g‘lingdan hech qachon marhamatimni darig‘ tutmayman. Men uni O‘z xonadonim va shohligim ustiga abadiy o‘tqazaman, uning taxti to abad mustahkam bo‘ladi.” Xudo ayon qilganlarning hammasini Natan Dovudga aytdi. Shundan keyin shoh Dovud Egamizning huzurida o‘tirib, shunday ibodat qildi: “Ey, Parvardigor Egam! Men kim bo‘libman, xonadonim nima bo‘libdiki, Sen meni bu qadar ulug‘lading?! Buning ustiga, ey Xudo, Sen kelajak zamonda yuz beradigan voqealarni xabar qilding. Bu qulingning xonadoni uchun ko‘p va’da berding. Nazaringda meni ulug‘ odamday bilding, ey Parvardigori Egam! Sen bu qulingni shuhratga erishtirding, Senga bundan ortiq nima ham deya olardim?! Axir, bu qulingni bilasan–ku. Ey Egam, Sen bu qulingning haqi–hurmati uchun O‘z xohishingga muvofiq, shunday ulug‘vor ish qilding. Bu buyuk va’dalaringni bizga ayon qilding. Senga o‘xshagan boshqa xudo haqida hech qachon eshitmaganmiz. Sening aslo o‘xshashing yo‘q, Ey Egam, Sendan o‘zga Xudo yo‘q! Xalqing Isroilga o‘xshashi yo‘q! Ey, Xudoyim, boshqa qaysi xalqni Sen qullikdan xalos qilib, O‘zingning xalqing qilding?! Sen O‘z xalqingni Misrdan olib chiqib, butun olamga shuhratingni yoyding. Buyuk va ajoyib ishlaring bilan xalqing oldidan begona xalqlarni quvding. Xalqing Isroilni to abad O‘zingning xalqing qilding. Ey Egam, Sen ularning Xudosi bo‘lding. Ey Egam! Bu qulingga va uning xonadoniga qarata aytgan so‘zingda to abad tur, bergan va’dangni bajar, toki odamlar, Sarvari Olam — Isroilning Xudosi ekan, deb nomingni to abad maqtab yursinlar. Ha, quling Dovudning xonadonini O‘zing har doim mustahkam qilgin. Zotan Sen, ey Xudoyim, bu qulingga, sening xonadoningni barpo etaman, deb ayon etgansan! Shu sababdan bu quling Senga ibodat qilishga jur’at etdi. Ey Egam! Sen — Xudosan. Sen bu qulingga ana shunday ezgu narsalarni va’da qilgansan. Agar O‘zing ma’qul ko‘rsang, bu qulingning xonadoniga marhamat qilgin, toki Sening huzuringda to abad tursin. Zotan Sen marhamat qilgan xonadon abadiy marhamatli bo‘lgay.” Birmuncha vaqt o‘tgach, Dovud yana Filistlarga hujum qilib, ularni mag‘lub qildi. Gat shahri va uning atrofidagi qishloqlarni Filistlardan tortib oldi. So‘ng Mo‘ab xalqini ham mag‘lub qildi. Mo‘ab xalqi Dovudga qaram bo‘lib, o‘lpon to‘laydigan bo‘lishdi. Zo‘vo shohi Hadadzar Furot daryosi bo‘ylariga yurish qilib, o‘sha yerlarda o‘z hokimiyatini o‘rnatmoqchi bo‘lgan bir paytda Dovud unga hujum qildi. Dovud Hadadzarni Xomat shahri yonida tor–mor etdi. Hadadzarning 1.000 jang aravasini, 7.000 otliq va 20.000 piyoda sipohini asirga oldi. O‘zining 100 jang aravasi uchun kerakli otlarni qoldirib, boshqa hamma otlarni mayib qildi. Damashqdagi Oram xalqi Zo‘vo shohi Hadadzarga yordamga kelgan edi, Dovud ulardan 22.000 kishini o‘ldirdi. So‘ng Damashqdagi Oram xalqining shaharlariga o‘zining qo‘nolg‘alarini joylashtirdi. Oram xalqi ham Dovudga qaram bo‘lib, o‘lpon to‘laydigan bo‘ldi. Shunday qilib, Dovud qayerga bormasin, Egamiz uni zafarga erishtirdi. Dovud Hadadzarning a’yonlari ko‘tarib yuradigan oltin qalqonlarni tortib olib, Quddusga keltirdi. Yana Hadadzarning qo‘li ostidagi shaharlari bo‘lgan Tivxat va Xundan ko‘p bronza olib ketdi. Keyinchalik Sulaymon bu bronzadan hovuz, ustunlar va har xil ashyolar yasattirdi. Xomat shohi To‘vu “Dovud Hadadzarning hamma lashkarini mag‘lub qilibdi”, degan xabarni eshitib qoldi. To‘vu shoh Dovudning huzuriga o‘g‘li Hadoramni yuborib, qutladi, jangda Hadadzardan g‘olib kelgani uchun Dovudni olqishladi. To‘vu Hadadzar bilan uzoq vaqtdan beri urishib kelardi. U Dovudga oltin, kumush, bronza idishlarni tortiq qilib yubordi. Shoh Dovud bu in’omlarni boshqa yurtlardan — Edom, Mo‘ab, Ommon, Filist va Omolekdan tortib olib kelgan oltinu kumushlar bilan birga Egamizga nazr qildi. Zeruya o‘g‘li Abushay Tuz vodiysida Edom xalqidan 18.000 kishini halok qildi. U Edom yurtiga o‘z qo‘nolg‘alarini joylashtirdi. Edom xalqi Dovudga qaram bo‘ldi. Dovud qayerga borsa, Egamiz uni zafarga erishtirdi Dovud butun Isroilda shohlik qilar ekan, xalqini odillik bilan boshqarardi. Zeruya o‘g‘li Yo‘ab — lashkarboshi, Oxilud o‘g‘li Yohushafat mushovir edi. Oxitob o‘g‘li Zodo‘x bilan Abuatar o‘g‘li Oximalek — ruhoniy, Shavsho mirza edi. Yohayido o‘g‘li Binayo Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarning boshlig‘i edi. Dovudning o‘g‘illari saroyda yuksak lavozimdagi a’yonlar edilar. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, Ommon shohi Naxosh olamdan o‘tib, o‘rniga o‘g‘li Xanun shoh bo‘ldi. Dovud: “Naxosh menga sodiq edi, men ham uning o‘g‘li Xanunga sodiq bo‘layin”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Shunday qilib, Dovud Xanunga otasi vafoti munosabati bilan tasalli berish uchun o‘z elchilarini jo‘natdi. Dovudning elchilari Xanunga tasalli bergani Ommon yurtiga borishgach, Ommon beklari Xanunga shunday deb o‘rgatishdi: “Dovud bu odamlarini otangiz hurmati uchun jo‘natgan, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bu elchilar sizning huzuringizga yomon niyat bilan kelishgan, ular yurtni kuzatib, tekshirib, keyin qo‘lga kiritishmoqchi.” Shu gapdan so‘ng Xanun Dovudning elchilarini ushladi, ularning soqollarini qirdirib, kiyimlarini sonlarigacha kestirib, orqaga qaytarib yubordi. Elchilar qaytib ketishdi. Dovud bu voqeani eshitdi–yu, elchilarini kutib olish uchun odamlar jo‘natdi. Elchilar juda sharmandali ahvolda qolgan edilar. Shoh o‘sha elchilariga: “Soqolingiz o‘sguncha Yerixoda qolinglar, keyin mening oldimga qaytib kelinglar”, deb ayttirib yubordi. Ommon xalqi: “Endi Dovudning g‘azabiga duchor bo‘ldik”, deb o‘yladilar. Shuning uchun Xanun va Ommon xalqi Oram–Naxrayimdan, Oram–Maxodan va Zo‘vo shohliklaridan jang aravalari va otliqlar yollash uchun 2.000 pud kumush yubordilar. Xanun 32.000 jang aravani va Maxo shahri shohini lashkari bilan yolladi. Maxo shohi kelib, Midavo shahri yonida qarorgoh qurdi. Ommon xalqi ham o‘z shaharlaridan chiqib, jangga otlandi. Dovud bu xabarni eshitdi–yu, lashkarboshi Yo‘ab boshchiligida qo‘riqchilarining hammasini urushga safarbar qildi. Ommon lashkari shahar darvozasi oldida Dovudga qarshi saf tortdi. Yordamga kelgan shohlar ham yalanglikda, alohida saf tortdilar. Yo‘ab g‘anim to‘dalari orqayu oldindan hujum qilayotganini ko‘rib, Isroilning saralangan sipohlaridan tanlab oldi–da, Oram lashkarlariga qarshi saflantirdi. Qolganlariga esa ukasi Abushayni bosh qilib, Ommonlarga qarshi shay qilib qo‘ydi. Yo‘ab Abushayga: — Oram lashkari mendan ustun kelsa, sen yordamga kelasan, — dedi. — Bordi–yu, Ommonlar sendan baland kelsa, men yordamga boraman. Bardam bo‘l! Xalqimiz va Xudoyimizning shaharlari uchun mardlarcha kurash olib boraylik. Egamizning xohish–irodasi bajo bo‘lsin. Yo‘ab boshchiligidagi sipohlar Oram lashkariga qarshi tashlandilar. Oram lashkari esa ularning oldiga tushib qochib qoldilar. Ularning qochganini ko‘rgan Ommonlar ham Yo‘abning ukasi Abushaydan qochib, shaharga berkindilar. Shundan keyin Yo‘ab Quddusga qaytib ketdi. Oram lashkari Isroil lashkaridan yengilganini anglab yetgach, xabarchilar yuborib, Furot daryosining narigi tomonida turgan o‘z lashkarini chaqirtirib keldilar. Ularga lashkarboshi qilib, Shoh Hadadzar lashkarining qo‘mondoni Sho‘faxni tayinladilar. Dovud bu voqeani eshitib, jamiki Isroil lashkarini yig‘di. Iordan daryosini kechib o‘tib, Oram lashkariga qarshi saf tortdi. Oram lashkari hujumga o‘tdi. Ammo ular bu safar ham Isroil lashkarining oldiga tushib qochib qolishdi. Dovud Oram lashkarining 7.000 jang aravasi aravakashini va 40.000 sipohini o‘ldirdi. Hadadzarning lashkarboshisi Sho‘fax ham Dovudning qo‘lidan halok bo‘ldi. Shunday qilib, Hadadzarning qo‘li ostidagi shohlar Isroil dastidan mag‘lubiyatga uchraganlarini ko‘rib, Dovud bilan sulh tuzishga majbur bo‘lishdi. Ular Dovudga qaram bo‘lib qolishdi. Shundan keyin Oram xalqi Ommon xalqiga yordam berishdan bosh tortadigan bo‘ldi. Bahor boshlanib, shohlar urushga ketadigan payt ham bo‘ldi. Yo‘ab lashkarni jangga boshladi. Ular Ommon yurtini yakson qilib, Rabba shahrini qamal qilishdi. Dovudning o‘zi Quddusda qolgan edi. Yo‘ab Rabbaga hujum qilib, shaharni qo‘lga kiritdi. Dovud Rabbaga yetib borgach, ularning shohi boshidagi tojni oldi. Toj ikki pud oltindan yasalgan bo‘lib, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi. Toj Dovudning boshiga qo‘ndi. Dovud shahardan katta miqdorda o‘lja ham yig‘di. U shahar aholisini arra, cho‘kich va bolta bilan qilinadigan ishlarga majbur qildi. Dovud Ommon shaharlarining hammasida shu usulni qo‘lladi. Shundan keyin u hamma lashkarini boshlab, Quddusga qaytib ketdi. Shundan so‘ng Gezer shahrida Filistlar bilan yana urush chiqdi. Bu urushda Xushalik Sibbaxay Sippayni o‘ldirdi. Sippay Rafa xalqidan edi. Filistlar Isroil xalqiga bo‘yin egdilar. Ko‘p o‘tmay Isroil lashkari bilan Filistlar o‘rtasida yana urush bo‘ldi. Yovir o‘g‘li Elxanon Gatlik Go‘liyotning ukasi Laxmini o‘ldirdi. Go‘liyot nayzasining sopi to‘quvchining dastgohi xodasiday kelardi. So‘ngra yana Gat shahrida urush bo‘ldi. U yerda ham Rafa xalqidan devday bir odam bor edi. Uning qo‘l–oyoqlari olti barmoqli edi, hammasi bo‘lib yigirma to‘rtta barmog‘i bor edi. O‘sha odam Isroil lashkarini haqorat qilgan edi, Yo‘natan uni o‘ldirdi. Yo‘natan Dovudning akasi Shimoning o‘g‘li edi. Dovud va uning odamlari tomonidan o‘ldirilgan o‘sha Filistlar Gat shahridan bo‘lib, Rafa xalqidan edilar. Iblis Isroilga qarshi qo‘zg‘alib, Dovudni Isroil xalqini sanab chiqishga undadi. Dovud Yo‘abga va lashkarboshilarga shunday buyruq berdi: — Boringlar, Bershevadan Dangacha bo‘lgan joylarni kezib, Isroil xalqini sanab chiqinglar. Menga natijasini olib kelinglar, toki qancha aholi borligini men bilayin. Lekin Yo‘ab shunday dedi: — Egam xalqning hozirgi sonini yuz karra ko‘paytirsin! Ey shoh hazratlari, bu xalqning hammasi sizning qullaringiz emasmi?! Nechun hazratim xalqni sanashga ehtiyoj sezib qoldilar?! Nechun Isroilga gunoh orttirmoqchilar?! Lekin Yo‘ab so‘zidan shohning so‘zi ustun keldi. Yo‘ab borib, butun Isroil yurtini kezib chiqdi. So‘ngra Quddusga qaytib keldi. Yo‘ab ro‘yxat natijasini Dovudga ma’lum qildi. Butun Isroilda jang qilishga qodir 1.100.000, Yahudoda esa jang qilishga qodir 470.000 odam bor ekan. Yo‘ab Levi qabilasi bilan Benyamin qabilasini ro‘yxatga kiritmagan edi, chunki shohning bu buyrug‘idan u tamom norozi edi. Xalq ro‘yxatga olingani Xudoga ham ma’qul kelmadi. U Isroil xalqini jazoladi. Shunda Dovud: — Bu ishni qilib og‘ir gunohga botdim, aqlsizlarcha ish tutdim. O‘tinaman, bu qulingning gunohini kechir, — deb Xudoga iltijo qildi. Dovudning payg‘ambari Gadga Egamiz dedi: “Borib Dovudga shu gaplarni yetkaz: — Egam shunday aytmoqda: Men senga uchta jazoni taklif qilaman, shulardan bittasini tanla, keyin senga o‘sha jazoni yuboraman.” Gad Dovudning huzuriga borib, unga shunday dedi: — Egamiz aytmoqda: “Oladigan jazoingni o‘zing tanla. Uch yil ocharchilik bo‘lsinmi? Yoki uch oy davomida dushmanlaring seni ta’qib qilib, qirsinmi? Yoki Egamning O‘zi senga uch kun davomida qilichi bilan hujum qilib, O‘z farishtasi orqali butun yurtni o‘latga giriftor qilsinmi?” Meni Yuborganga nima deb javob berayin? — Men juda og‘ir ahvolda qoldim–ku, — dedi Dovud Gadga. — Nima bo‘lsa ham, odamzodning qo‘liga tushmayin. Mayli, Egamning O‘zi meni jazolasin, chunki U g‘oyat rahmdil. Shunday qilib, Egamiz Isroil yurtiga o‘lat yubordi. Natijada Isroil xalqining yetmish mingtasi nobud bo‘ldi. Xudo Quddusni vayron qilish uchun bir farishtani yubordi. Lekin farishta shaharni vayron qilmoqchi bo‘lib turganda, Egamiz rahm qilib, balo–qazo jo‘natmaydigan bo‘ldi. Xalqni qirayotgan farishtaga: — Bo‘ldi, bas! Yetadi! — deb amr berdi. Egamizning farishtasi o‘sha paytda Quddusda — Yobus xalqidan bo‘lgan O‘rnan ismli odamning xirmonida turgan edi. Dovud qarasa, Egamizning farishtasi yer bilan osmon o‘rtasida, qo‘lidagi yalang‘ochlangan qilichini Quddus tomon cho‘zib turgan ekan. Shunda qanor kiygan Dovud va oqsoqollar muk tushdilar. — Xalqni sanashga amr bergan menman–ku, — deya yolvordi Xudoga Dovud. — Gunoh qilgan menman, men aybdorman! Qo‘yday beozor bu insonlar nima ayb qilibdi? Ey Egam Xudo, g‘azabingni menga va otam xonadoniga socha qol! Xalqingni esa o‘latdan xalos et. Shundan keyin Egamizning farishtasi Gadga: — Dovudga borib ayt: u Yobus xalqidan bo‘lgan O‘rnanning xirmoniga borib, o‘sha yerda Menga atab bir qurbongoh qursin, — deb buyurdi. Gad Egamizning nomidan gapirgan edi, Dovud Gadning so‘ziga kirib, xirmonga bordi. O‘sha payti O‘rnan bilan uning to‘rt o‘g‘li bug‘doy yanchiyotgan edilar. Birdaniga ular farishtani ko‘rib qoldilar. O‘g‘illarning to‘rttalasi ham qochib yashirinib oldilar. Xuddi o‘sha zahoti Dovud ham xirmonga yaqinlashib qolgan edi. O‘rnan Dovudni ko‘rishi bilanoq xirmondan chiqib, yerga muk tushib ta’zim qildi. Dovud O‘rnanga aytdi: — Menga xirmoningni to‘liq narxiga sot, men Egamga qurbongoh qurmoqchiman, toki o‘lat xalqdan daf bo‘lsin. — Olavering, — deya javob berdi O‘rnan. — Shoh hazratlari nimani ma’qul ko‘rsalar, xirmon bilan shuni qilsinlar. Mana, kuydirib qurbonlik qilishlari uchun ho‘kizlarimni beraman, o‘tin uchun xo‘ptirim bor, don nazri uchun bug‘doyim ham tayyor. Hammasini olavering. — Bo‘lmaydi! — dedi shoh Dovud. — Sendan bu narsalarni to‘liq narxiga sotib olaman. Sening narsalaringni Egam uchun olmayman. Tekin tushgan qurbonliklarni Egam Xudoga kuydirib nazr qilmayman. Dovud O‘rnanga xirmon uchun olti yuz oltin tanga berdi. Dovud o‘sha yerda Egamizga atab qurbongoh qurib, kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini atadi. So‘ngra Egamizga iltijo qildi. Egamiz uning iltijosiga javob berib, qurbongoh ustiga osmondan olov tushirdi. Shundan so‘ng Egamiz farishtaga: “Qilichingni qiniga qaytarib solib qo‘y!” deb amr bergan edi, farishta itoat etdi. Dovud qilgan iltijosiga Egamizdan javob olganini ko‘rgach, O‘rnanning xirmonida yana qurbonliklar keltirdi. Muso sahroda yasagan Egamizning chodiri va qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh o‘sha paytda Givondagi sajdagohda joylashgan edi. Ammo Dovud Xudoga iltijo qilgani u yerga bormagandi. Chunki u Egamizning farishtasi qilichidan qo‘rqqan edi. Dovud shunday dedi: “ Egamiz Xudoning uyi ham, Isroil xalqi qurbonliklar kuydiradigan qurbongoh ham shu yerda bo‘ladi.” Dovud Isroil yurtidagi barcha musofirlarni bir joyga to‘plattirdi. Ulardan ba’zilarini Egamizning uyini qurish uchun tosh kesib yo‘nadigan sangtaroshlar qilib tayinladi. Dovud yog‘och darvozalar uchun oshiq–moshiq va mixlar yasagani ko‘p miqdorda temir saqlab qo‘ydi. Bronza ham shunchalik ko‘p ediki, hech kim uning hisobiga yeta olmasdi. U behisob sadr yog‘ochini ham saqlab qo‘ydi. Sidonliklar va Tirliklar ko‘p miqdorda sadr yog‘ochlari olib kelgan edilar. Dovud ichida shunday deb aytar edi: “O‘g‘lim Sulaymon yosh, tajribasiz. Egamiz uchun quriladigan uy esa shu qadar salobatli bo‘lishi kerakki, uning dong‘i butun dunyoga yoyilib, barcha xalqlar orasida shuhrat topishi kerak. Shunday ekan, qurilish uchun hamma tayyorgarlikni o‘zim ko‘rib qo‘yaveray.” Shuning uchun Dovud o‘limidan oldin ko‘p miqdordagi ashyolarni tayyorlab qo‘ygan edi. So‘ngra Dovud o‘g‘li Sulaymonni chaqirtirib, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uchun uy qurishni unga topshirdi. — O‘g‘lim! — deb gapini boshladi Dovud, — Men Egam Xudoga atab bir uy qurish niyatida edim. Lekin Egam menga shunday so‘zini yuborgan edi: “Sen ko‘p jang qilib, ko‘p qon to‘kding. Yer yuzida, Mening oldimda shu qadar ko‘p qon to‘kkaning uchun Menga atab uyni sen qurmaysan. Ammo sendan bir o‘g‘il tug‘iladi. O‘g‘ling tinchliksevar odam bo‘ladi. Men uni atrofdagi hamma g‘animlardan xalos qilib, tinchlik beraman. Uning ismi Sulaymon bo‘ladi. Uning hukmronligi davrida Isroilga tinchlik, osoyishtalik ato qilaman. Menga atab uyni o‘sha o‘g‘ling quradi. U Menga o‘g‘il bo‘ladi, Men unga ota bo‘laman. Uning Isroildagi shohlik taxtini to abad mustahkam qilaman.” Endi, o‘g‘lim, Egam senga yor bo‘lsin. Uning uyini qurayotganingda Egang Xudo O‘z va’dasiga muvofiq, seni muvaffaqiyatga erishtirsin. Egam senga idrok bilan fahm–farosat bersin, toki U Isroil hukmronligini senga topshirganda, sen Egang Xudoning qonuniga rioya qila olgin. Agar sen Egamizning Isroil uchun Musoga amr etgan qonun–qoidalarini bitta qoldirmay bajarsang, muvaffaqiyatga erishasan. Dadil va botir bo‘l. Qo‘rqma, vahimaga tushma. Men Egamizning uyi uchun ko‘p mashaqqatlar bilan 214.000 pud oltin, 2.140.000 pud kumush, behisob miqdorda bronza va temir tayyorladim. Yana yog‘och va tosh ham tayyorlab qo‘ydim. Sen bularga yana qo‘shishing lozim. Sening ko‘p ishchilaring bor. Ularning orasida tosh yo‘nuvchilar, tosh teruvchilar, duradgorlar, oltin, kumush, bronza va temirga ishlov beradigan har turli, behisob mohir hunarmandlar bor. Qani, ishga bel bog‘la. Egam senga yor bo‘lsin. Dovud Isroilning barcha yo‘lboshchilariga “Sulaymonga yordam beringlar!” deb amr qilib, shunday dedi: “Egangiz Xudo sizlar bilan birga bo‘lib, sizlarga har tomondan tinchlik ato etdi. Bizdan oldin bu yurtda yashagan xalqni U mening qo‘limga berdi. Ular endi Egamizga va Uning xalqiga qaram bo‘lib qoldi. Endi butun qalbingiz va yuragingiz bilan Egamiz Xudoga intiling. Boringlar, Parvardigor Egamizga atab uy qurishni boshlanglar, toki ahd sandig‘i va muqaddas ashyolar o‘sha yerda saqlanadigan bo‘lsin.” Dovud rosa keksayib, umri oxirlashib qolgach, o‘g‘li Sulaymonni Isroil ustidan shoh qildi. Dovud Isroilning hamma yo‘lboshchilarini, ruhoniylarini va levilarni to‘pladi. U o‘ttiz va undan yuqori yoshdagi levilarni hisobladi. Ularning jami 38.000 erkak chiqdi. Shunda Dovud aytdi: “Bulardan 24.000 tasi Egamizning uyidagi ishlar uchun mas’ul bo‘ladi, 6000 tasi amaldorlar va hakamlar bo‘lib xizmat qiladi, 4000 tasi darvozabon bo‘ladi, qolgan 4000 tasi esa men yasattirgan musiqiy asboblarni chalib, Egamizni madh qiladi.” Dovud levilarni urug‘lariga ko‘ra, Gershon, Qohot va Marori guruhlariga bo‘ldi. Gershonning Laden va Shimax degan ikki o‘g‘li bor edi. Ladenning uchta o‘g‘li bo‘lib, to‘ng‘ichi Yoxiyol, o‘rtanchasi Zatom va kenjasi Yo‘el edi. Ular Laden naslining urug‘boshilari edilar. Shimaxning Shalumo‘t, Xaziyol va Xaron ismli uch o‘g‘li bor edi. [10-11] Keyinchalik Shimax yana to‘rt o‘g‘il ko‘rdi, ularning tartibi quyidagicha edi: Yaxat, Zenax, Yoush va Bariyo. Yoush bilan Bariyoning o‘g‘illari kam bo‘lgani uchun, ular bitta xonadon hisoblanardilar. *** Qohotning to‘rtta o‘g‘li bo‘lib, ularning ismlari Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol edi. Imromning o‘g‘illari Horun va Muso edi. Horun Xudoga bag‘ishlangan bo‘lib, eng muqaddas ashyolar uchun mas’uliyat to abad uning va uning nasli zimmasiga yuklangan edi. Ular Egamizning huzurida qurbonliklar keltirishlari, Unga xizmat qilishlari va to abad Uning nomidan xalqni duo qilishlari kerak edi. Xudoning odami Musoga kelsak, uning o‘g‘illari Levi qabilasining bir qismi hisoblanardi. Musoning Gershom va Eliazar degan ikki o‘g‘li bor edi. Gershomning o‘g‘illari orasida Shavuvol to‘ng‘ichi edi. Eliazarning to‘ng‘ich farzandi Raxaviyo edi. Eliazarning undan bo‘lak o‘g‘illari bo‘lmasa–da, Raxaviyoning o‘g‘illari nihoyatda ko‘p edi. Qohotning ikkinchi o‘g‘li Izxor ham o‘g‘illar ko‘rgan edi. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Shalumit edi. Qohotning uchinchi o‘g‘li Xevron to‘rt o‘g‘il ko‘rgan edi. To‘ng‘ich o‘g‘lining ismi Yoriyo, keyingilarniki Emoriyo, Yaxaziyol va Yoxamom edi. Qohotning kenja o‘g‘li Uziyolning ikki o‘g‘li bor edi: to‘ng‘ichi Mixo va kenjasi Ishshiyo. Marorining Maxli va Mushi degan ikkita o‘g‘li bor edi. Maxlining Elazar va Kish ismli ikkita o‘g‘li bor edi. Elazar o‘g‘il ko‘rmay o‘tib ketdi. Undan faqat qizlar tug‘ildi. Uning qizlari o‘zlarining amakivachchalari — Kishning o‘g‘illariga turmushga chiqdilar. Mushining Maxli, Eder va Yorimo‘t ismli uch o‘g‘li bor edi. Xullas, levilarning nomma–nom ro‘yxatga kiritilgan avlodlari, ularning urug‘ va xonadonlari shulardan iborat edi. Yigirma va undan yuqori yoshdagi levilar Egamizning uyidagi xizmatga tayinlangan edilar. Dovud shunday degan edi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz O‘z xalqiga tinchlik ato qildi. Endi U Quddusda abadiy istiqomat qiladi. Shunday ekan, bundan buyon levilar Egamizning chodirini yoki unda ishlatiladigan ashyolarni ko‘tarib yurishlari shart emas.” Dovudning oxirgi farmoniga ko‘ra, yigirma va undan yuqori yoshdagi levilar ro‘yxatga olingan edilar. Levilarning vazifasi Egamizning uyidagi xizmatda Horun nasliga yordam berish edi. Bularning ichiga: hovli va yon xonalarga mas’ul bo‘lish, muqaddas narsalarni poklash va Egamizning uyidagi har qanday boshqa yumushlarni bajarish kirar edi. Shuningdek, levilar Egamiz huzuridagi xontaxta ustiga qo‘yiladigan nonlar, don nazri uchun sifatli un, xamirturushsiz chalpaklar, pishirib tayyorlanadigan nazrlar, zaytun moyi aralashtirilgan nazrlar, nazrlarning og‘irligi, soni va hajmi uchun mas’ul edilar. Har kuni ertalab va kechqurun ular Ma’badda Egamizga shukronalar aytib, hamdu sanolar kuylashlari kerak edi. Shabbat kunlari, yangi oy va boshqa belgilangan bayramlarda qurbonliklar kuydirilganda ham shukronalar aytib, hamdu sanolar kuylash ularning zimmasida edi. Egamizning huzurida doimo xizmat qilayotgan levilarning soni qoidaga muvofiq bo‘lishi shart edi. Demak, levilar Uchrashuv chodiri va Ma’bad uchun mas’ul bo‘lib, Egamizning uyida xizmat qilgan o‘z qarindoshlari — Horun nasliga yordam berishlari kerak edi. Horun nasli xizmat uchun guruh–guruhlarga bo‘lindi. Horunning Nadov, Abihu, Elazar va Itamar ismli to‘rt o‘g‘li bor edi. Lekin Nadov bilan Abihu otalaridan oldin, o‘g‘il ko‘rmasdan vafot etganlari uchun, Elazar bilan Itamar ruhoniy bo‘ldilar. Shoh Dovud Horun naslini bajaradigan vazifalariga ko‘ra, guruhlarga bo‘ldi. Unga bu ishda Elazar naslidan bo‘lgan Zodo‘x va Itamar naslidan bo‘lgan Oximalek yordam berdilar. Elazar naslidagi urug‘boshilarning soni Itamar naslinikiga qaraganda ko‘proq bo‘lgani uchun, Elazar nasli o‘n olti guruhga, Itamar nasli esa sakkiz guruhga bo‘lindi. Ma’badda Xudoga xizmat qiladigan malakali rahnamolarning ba’zilari Elazar naslidan, boshqalari esa Itamar naslidan edilar. Shu sababdan tarafkashlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun bajaradigan vazifalari ularga qur’a bo‘yicha bo‘lib berildi. Elazar va Itamar nasllari uchun galma–galdan qur’a tashlandi. Levilardan bo‘lgan kotib Natanil o‘g‘li Shamayo qur’a natijalarini qayd etib turdi. Shoh, uning a’yonlari, ruhoniy Zodo‘x, Abuatar o‘g‘li Oximalek hamda ruhoniy va levi xonadonlarining urug‘boshilari bunga shohid edilar. Birinchi qur’a Yohayirivga tushdi. Ikkinchi qur’a Yodayoga tushdi. Uchinchi qur’a Xarimga tushdi. To‘rtinchi qur’a Sayo‘rimga tushdi. Beshinchi qur’a Malkiyoga tushdi. Oltinchi qur’a Miyominga tushdi. Yettinchi qur’a Xakko‘zga tushdi. Sakkizinchi qur’a Abiyoga tushdi. To‘qqizinchi qur’a Yeshuvaga tushdi. O‘ninchi qur’a Shaxaniyoga tushdi. O‘n birinchi qur’a Eliashabga tushdi. O‘n ikkinchi qur’a Yaximga tushdi. O‘n uchinchi qur’a Xuppaga tushdi. O‘n to‘rtinchi qur’a Eshebovga tushdi. O‘n beshinchi qur’a Bildaxga tushdi. O‘n oltinchi qur’a Immarga tushdi. O‘n yettinchi qur’a Xazirga tushdi. O‘n sakkizinchi qur’a Xappizezga tushdi. O‘n to‘qqizinchi qur’a Patixiyoga tushdi. Yigirmanchi qur’a Hizqiyoga tushdi. Yigirma birinchi qur’a Yoxinga tushdi. Yigirma ikkinchi qur’a Gamulga tushdi. Yigirma uchinchi qur’a Daloyoga tushdi. Yigirma to‘rtinchi qur’a Maziyoga tushdi. Har bir guruh Egamiz uyidagi o‘z vazifasini ularning ajdodi Horun tomonidan belgilangan ko‘rsatmalar asosida bajarishi lozim edi. Bu ko‘rsatmalarni Horunga Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bergan edi. Levidan bino bo‘lgan boshqa urug‘boshilar quyidagilar edi: Imrom naslidan — Shavuvol, Shavuvol naslidan — Yoxidayo, Raxaviyo naslidan — yo‘lboshchi Ishshiyo, Izxor naslidan — Shalumo‘t, Shalumo‘t naslidan — Yaxat, Xevron naslidan — to‘ng‘ichi — Yoriyo, ikkinchisi — Emoriyo, uchinchisi — Yaxaziyol va to‘rtinchisi — Yoxamom, Uziyol naslidan — Mixo, Mixo naslidan — Shomir, Mixo ukasi —Ishshiyo, Ishshiyo naslidan — Zakariyo, [26-27] Marori naslidan — Maxli, Mushi va Yaziyo, Yaziyo naslidan — Beno, Sho‘ham, Zakkur va Ibri, *** [28-29] Maxli naslidan — Elazar va Kish. Elazarning o‘g‘illari yo‘q edi. Kish naslidan — Yaraxmal, *** Mushi naslidan — Maxli, Eder va Yarimo‘t. Levi nasli, urug‘lari bo‘yicha, ana shulardan iborat edi. Ular ham Horun nasli singari qur’a tashlab bajaradigan vazifalarini aniqlab olgan edilar. Shoh Dovud, Zodo‘x, Oximalek, ruhoniy va levi xonadonlarining urug‘boshilari bunga shohid edilar. Katta o‘g‘il xonadoni kichik o‘g‘il xonadoni qatori qur’a tashladi. Dovud bilan levi yo‘lboshchilari levilarning Osif, Xaman va Yodutun urug‘larini sozandalar qilib tayinladilar. Ularning vazifasi lira, arfa va zang chalib, bashorat qilish edi. Sozandalarning ro‘yxati va ularning bajaradigan vazifasi quyidagicha edi: Osifning to‘rt o‘g‘li Zakkur, Yusuf, Nataniyo va Osorilax otasining rahbarligi ostida bo‘lib, shohning buyrug‘i bilan bashorat qilishar edi. Yodutunning olti o‘g‘li Gadaliyo, Zari, Yeshayo, Shimax, Xashaviyo va Mattitiyo otasining rahbarligi ostida edilar. Ular lira jo‘rligida bashorat qilishar, Egamizga shukronalar va hamdu sanolar aytishar edi. Xamanning Bukkiyox, Mattaniyo, Uziyol, Shavuvol, Yarimo‘t, Xanoniyo, Xonin, Eliota, Gidalti, Romamtizer, Yoshbaxasha, Malo‘ti, Xo‘tir va Maxaziyo‘t ismli o‘n to‘rt o‘g‘li bor edi. Bularning hammasi shoh xizmatida bo‘lgan valiy Xamanning o‘g‘illari edilar. Xudo O‘z va’dasiga binoan Xamanni siylab, unga o‘n to‘rt o‘g‘il bergan edi. Uning uch qizi ham bor edi. O‘g‘illarning hammasi otasining rahbarligi ostida zang, arfa va lira chalib, Egamizning uyida sozanda bo‘lib xizmat qilishar edi. Osif, Yodutun va Xaman bevosita shohning buyruqlariga bo‘ysunishardi. [7-9] Bu sozandalar qarindoshlari bilan birga 288 kishini tashkil qilib, Egamizning huzurida yuksak mahorat bilan musiqa chalishar edi. Ular xonadonlariga ko‘ra, yigirma to‘rt guruhga bo‘lindi. Har bir guruh o‘n ikki kishidan tashkil topgan bo‘lib, bir rahbarga ega edi. Ularning hammasi — yoshu qari, ustozu shogird o‘z vazifalarini bilib olish uchun qur’a tashlashdi. Birinchi qur’a Osif xonadonidagi Yusuf va uning guruhiga tushdi. Ikkinchi qur’a Gadaliyo va uning guruhiga tushdi. *** *** Uchinchi qur’a Zakkur va uning guruhiga tushdi. To‘rtinchi qur’a Yizri va uning guruhiga tushdi. Beshinchi qur’a Nataniyo va uning guruhiga tushdi. Oltinchi qur’a Bukkiyox va uning guruhiga tushdi. Yettinchi qur’a Yasarelax va uning guruhiga tushdi. Sakkizinchi qur’a Yeshayo va uning guruhiga tushdi. To‘qqizinchi qur’a Mattaniyo va uning guruhiga tushdi. O‘ninchi qur’a Shimax va uning guruhiga tushdi. O‘n birinchi qur’a Ozariyol va uning guruhiga tushdi. O‘n ikkinchi qur’a Xashaviyo va uning guruhiga tushdi. O‘n uchinchi qur’a Shavuvol va uning guruhiga tushdi. O‘n to‘rtinchi qur’a Mattitiyo va uning guruhiga tushdi. O‘n beshinchi qur’a Yarimo‘t va uning guruhiga tushdi. O‘n oltinchi qur’a Xanoniyo va uning guruhiga tushdi. O‘n yettinchi qur’a Yoshbaxasha va uning guruhiga tushdi. O‘n sakkizinchi qur’a Xonin va uning guruhiga tushdi. O‘n to‘qqizinchi qur’a Mallo‘ti va uning guruhiga tushdi. Yigirmanchi qur’a Eliota va uning guruhiga tushdi. Yigirma birinchi qur’a Xo‘tir va uning guruhiga tushdi. Yigirma ikkinchi qur’a Gidalti va uning guruhiga tushdi. Yigirma uchinchi qur’a Maxaziyo‘t va uning guruhiga tushdi. Yigirma to‘rtinchi qur’a Romamtizer va uning guruhiga tushdi. Ma’bad darvozasida xizmat qilish uchun quyidagi levilar tayinlangan edi: Ko‘rax naslidagi Osif xonadonidan — Kori o‘g‘li Mashalmiyo. Mashalmiyoning yetti o‘g‘li bor edi: to‘ng‘ichi — Zakariyo, ikkinchisi — Yodiyol, uchinchisi — Zabadiyo, to‘rtinchisi — Yatniyol, beshinchisi — Elam, oltinchisi — Yohuxanon va yettinchisi — Elixo‘nay. [4-5] Xudo Obidadomni barakalab, unga sakkiz o‘g‘il bergan edi: to‘ng‘ich o‘g‘li — Shamayo, ikkinchisi — Yohuzabad, uchinchisi — Yo‘x, to‘rtinchisi — Soxor, beshinchisi — Natanil, oltinchisi — Omiyol, yettinchisi — Issaxor va sakkizinchisi — Fullatay. *** Obidadomning to‘ng‘ichi Shamayoning ham o‘g‘illari bor edi. Ular nihoyatda qobiliyatli bo‘lganlari uchun, o‘zlarining ota xonadonida urug‘boshilar edilar. Ularning ismlari O‘tnax, Rafail, Obid va Elzabad edi. Shamayoning qarindoshlari Elixu bilan Samaxiyo ham nihoyatda qobiliyatli edilar. Obidadomning bu avlodi jami oltmish ikki kishini tashkil qilib, hammasi qobiliyatli, o‘z xizmati uchun malakali edilar. Mashalmiyoning o‘g‘illari va aka–ukalari o‘n sakkiz kishini tashkil qilib, hammasi qobiliyatli edilar. Marori naslidan bo‘lgan Xo‘saxning to‘rt o‘g‘li bor edi. Uning Shimri degan o‘g‘li yo‘lboshchi edi. Shimri to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lmasa ham, otasi uni yo‘lboshchi qilgan edi. Xo‘saxning ikkinchi o‘g‘li — Xilqiyo, uchinchisi — Tavaliyo va to‘rtinchisi Zakariyo edi. Xo‘sax xonadonining o‘n uch a’zosi Ma’bad darvozabonlari bo‘lib xizmat qilar edilar. Darvozabonlar xonadonlari bo‘yicha guruh–guruhlarga bo‘lingan edilar. Ular Egamizning uyida xizmat qilayotgan boshqa levilar singari o‘z vazifalariga ega edilar. Har bir xonadon katta–kichikligiga qaramay qur’a tashlab, qo‘riqlaydigan darvozasini aniqlab oldi. Sharq tomondagi darvoza uchun qur’a tashlanganda, qur’a Shalamiyoga tushdi. So‘ngra o‘g‘li Zakariyo uchun qur’a tashlandi, unga shimol tomondagi darvoza tushdi. Zakariyo dono maslahatchi edi. Obidadom uchun qur’a tashlanganda, unga janub tomondagi darvoza tushdi. O‘g‘illari uchun qur’a tashlanganda, ularga omborxonani qo‘riqlash tushdi. G‘arb tomondagi darvoza va yuqori yo‘l ustidagi Shallexet darvozasi uchun qur’a tashlanganda, qur’a Shupim bilan Xo‘saxga tushdi. Darvozabonlar o‘z xizmatini belgilangan vaqtda, uzluksiz ketma–ketlikda bajarishlari lozim edi. Sharq tomondagi darvozada kuniga oltita darvozabon, shimol tomondagi darvozada to‘rtta, janub tomondagi darvozada ham to‘rtta darvozabon turardi. Shuningdek, ikkita omborxonada ikkitadan darvozabon turardi. G‘arb tomondagi hovliga kelsak, yo‘lakda to‘rtta, hovlining ichida esa ikkita darvozabon turardi. Ko‘rax va Marori naslidan bo‘lgan darvozabonlarga mana shu qo‘riqchilik vazifalari topshirilgan edi. Oxiyo boshchiligidagi boshqa levilar Xudoning uyidagi xazinalar va nazr qilingan hadyalar xazinalari uchun mas’ul edilar. Gershon urug‘idan bo‘lgan Laden Yoxiyolining otasi edi. Ladenning naslidan ko‘p urug‘boshilar chiqdi. Yoxiyolining o‘g‘illari Zatom bilan Yo‘el Egamizning uyidagi xazinalar uchun mas’ul edilar. Imrom, Izxor, Xevron va Uziyol urug‘lariga ham vazifalar taqsimlanib berildi. Muso o‘g‘li Gershomning urug‘idan Shavuvol Ma’badning bosh xazinaboni edi. Gershomning ukasi Eliazarning nasli quyidagicha edi: Eliazarning o‘g‘li Raxaviyo, Raxaviyoning o‘g‘li Yeshayo, Yeshayoning o‘g‘li Yoram, Yoramning o‘g‘li Zixri va Zixrining o‘g‘li Shalumo‘t. Shalumo‘t va uning xonadoni Egamizga nazr qilingan hadyalar xazinasi uchun mas’ul edi. Bu xazinada shoh Dovud, urug‘boshilar, mingboshilar, yuzboshilar va lashkarboshilar Xudoga nazr qilgan hadyalar saqlangan edi. Ular jangda qo‘lga kiritgan o‘ljaning bir qismini Egamizning uyini ta’minlash uchun nazr qilardilar. Shalumo‘t va uning xonadoni barcha hadyalar uchun mas’ul edilar. Valiy Shomuil, Kish o‘g‘li Shoul, Nar o‘g‘li Abnur va Zeruya o‘g‘li Yo‘ab nazr qilgan hadyalar ham ularning nazorati ostida edi. Izxor naslidan Xonaniyo va uning o‘g‘illari Isroil xalqi uchun ma’murlar va hakamlar qilib tayinlandilar. Ular Ma’baddan tashqarida xizmat qilishardi. Xevron naslidan Xashaviyo va uning bir ming yetti yuz qobiliyatli qarindoshi ham ma’murlar qilib tayinlandilar. Ular Iordan daryosining g‘arb tomonidagi qabilalar uchun mas’ul bo‘lib, Xudoning va shohning xizmatiga oid masalalarni yechishar edi. Xevron naslidagi Yoriyo nasabnoma ma’lumotiga ko‘ra, Xevron naslining yo‘lboshchisi edi. Dovud hukmronligining qirqinchi yilida nasabnomalarga oid barcha yozma ma’lumotlar ko‘rib chiqilgan edi. Shunda Giladdagi Yazir shahrida Xevron nasli orasida qobiliyatli odamlar borligi aniqlandi. Shoh Dovud Yoriyoni va uning 2.700 ta qobiliyatli qarindoshini ma’murlar qilib tayinladi. Ular Iordan daryosining sharq tomonidagi Ruben, Gad va Manashe qabilasining yarmisi uchun mas’ul bo‘lib, Xudoning va shohning xizmatiga oid barcha masalalarni yechishlari kerak edi. Quyida Isroil xalqining urug‘boshilari, mingboshilari va yuzboshilarining, shuningdek, ularning sardorlari ro‘yxati berilgan. Bu sardorlar shohning xizmatida bo‘lib, har yili bir oy davomida vazifasini o‘tayotgan harbiy qismlar uchun mas’ul edilar. Har bir qism 24.000 odamdan tashkil topgan edi. Birinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Zabdiyol o‘g‘li Yoshuvam edi. Yoshuvam Paraz naslidan edi. Ikkinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Oxo‘va urug‘idan bo‘lgan Do‘day edi. Do‘dayning o‘ng qo‘l yordamchisi Mixlo‘t edi. Uchinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Binayo edi. U ruhoniy Yohayidoning o‘g‘li bo‘lib, “O‘ttizta qahramon” orasidagi bahodir jangchi edi. “O‘ttizta qahramon”ning sardori ham ana shu Binayo edi. Binayoning o‘g‘li Omizabod qismning bosh qo‘mondoni edi. To‘rtinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Yo‘abning ukasi Osoyil edi. Osoyildan keyin o‘g‘li Zabadiyo otasining o‘rnini egalladi. Beshinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Shamhut edi. U Yizro urug‘idan edi. Oltinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Taxuvalik Ixesh o‘g‘li Ero edi. Yettinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Palonlik Xalez edi. U Efrayim qabilasidan edi. Sakkizinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Xushalik Sibbaxay edi. Sibbaxay Zerax urug‘idan edi. To‘qqizinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Onoto‘tlik Abuazar edi. Abuazar Benyamin qabilasidan edi. O‘ninchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Natufolik Maxray edi. Maxray Zerax urug‘idan edi. O‘n birinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Piratonlik Binayo edi. Binayo Efrayim qabilasidan edi. O‘n ikkinchi oyda xizmat qiladigan qismning sardori Natufolik Xalday edi. Xalday O‘tniyol urug‘idan edi. Isroil qabilalarining yo‘lboshchilari quyidagilar edi: Ruben qabilasining yo‘lboshchisi — Zixri o‘g‘li Eliazar, Shimo‘n qabilasining yo‘lboshchisi — Maxo o‘g‘li Shafatiyo, Levi qabilasining yo‘lboshchisi — Kamuvol o‘g‘li Xashaviyo, Horun naslining yo‘lboshchisi — Zodo‘x, Yahudo qabilasining yo‘lboshchisi — Dovudning akasi Elixu, Issaxor qabilasining yo‘lboshchisi — Mikoyil o‘g‘li Omri, Zabulun qabilasining yo‘lboshchisi — Obodiyo o‘g‘li Yishmayo, Naftali qabilasining yo‘lboshchisi — Ozriyol o‘g‘li Yarimo‘t, Efrayim qabilasining yo‘lboshchisi — Ozaziyo o‘g‘li Xo‘sheya, G‘arbdagi Manashe qabilasining yarmiga yo‘lboshchi — Podiyo o‘g‘li Yo‘el, Giladdagi Manashe qabilasining yarmiga yo‘lboshchi — Zakariyo o‘g‘li Eddo, Benyamin qabilasining yo‘lboshchisi — Abnur o‘g‘li Yasiyol, Dan qabilasining yo‘lboshchisi — Yeroxam o‘g‘li Ozariyol. Isroil qabilalarining yo‘lboshchilari ana shulardan iborat edi. Dovud Isroil xalqini sanab chiqqanda, yigirma yoshdan pastini ro‘yxatga kiritmagan edi, chunki Egamiz: “Isroil xalqini osmondagi yulduzlar kabi ko‘paytiraman”, deb va’da bergan edi. Zeruya o‘g‘li Yo‘ab xalqni sanashni boshlagandiyu, lekin oxiriga yetkazmagandi. Xalq sanalgani uchun Egamiz Isroilga g‘azabini sochgandi. Shu sababdan bu sanoqning natijasi shoh Dovudning yilnomasiga kiritilmadi. Odil o‘g‘li Ozmobit saroy xazinaboni edi. Uzziyo o‘g‘li Yo‘natan tuman xazinaboni edi. U shahar atrofidagi, shaharlardagi, qishloqlardagi va qal’alardagi xazinalar uchun mas’ul edi. Xalub o‘g‘li Ezri yerga ishlov beradigan dehqonlar uchun mas’ul edi. Ramalik Shimax uzumzorlar uchun mas’ul edi. Shafomlik Zabdi sharob omborlari uchun mas’ul edi. Gederlik Baalxanon Yahudo qir etaklaridagi zaytunzorlar va shikamora–anjirzorlar uchun mas’ul edi. Yo‘sh zaytun moyi omborlari uchun mas’ul edi. Sharonlik Shitray Sharon tekisligida boqiladigan podalar uchun mas’ul edi. Adlay o‘g‘li Shofot vodiylarda boqiladigan podalar uchun mas’ul edi. Ismoil urug‘idan Obil tuya podalari uchun mas’ul edi. Mirono‘tlik Yoxidayo eshak podalari uchun mas’ul edi. Hojar urug‘idan Yoziz qo‘y suruvlari uchun mas’ul edi. Ana shularning hammasi shoh Dovud mulkini nazorat qilar edilar. Dovudning amakisi Yo‘natan donishmand odam bo‘lib, maslahatchi va tafsirchi edi. Xaxmo‘n o‘g‘li Yoxiyol shoh o‘g‘illarining murabbiysi edi. Oxito‘fel shohning maslahatchisi edi. Orx urug‘idan Xushay shohning do‘sti edi. Oxito‘feldan keyin uning o‘rniga Binayo o‘g‘li Yohayido va Abuatar maslahatchi bo‘ldi. Yo‘ab shoh qo‘shinining lashkarboshisi edi. Dovud Isroildagi hamma a’yonlarni — qabila yo‘lboshchilarini, shohga xizmat qiladigan harbiy qismlar sardorlarini, mingboshilarni, yuzboshilarni, shoh va shahzodalar mulkini va podalarini boshqaruvchilarni, saroy a’yonlarini, bahodir pahlavonlarni va boshqa hamma jangchilarni Quddusda to‘pladi. Shoh Dovud ularning oldida turib, gapirdi: “Birodarlarim, xalqim, gapimni eshitinglar! Men Xudoning oyoq kursisi bo‘lmish Egamizning ahd sandig‘i uchun bir oromgoh qurmoqchi edim. Qurilish uchun hamma tayyorgarlikni ham ko‘rib qo‘ygan edim. Lekin Xudo: — Menga atab uyni sen qurmaysan, sen jang qilib, ko‘p qon to‘kding, — dedi. Vaholanki, Isroil xalqining Xudosi Egamiz butun otam xonadonidan meni tanlab oldi. Meni to abad Isroilning shohi qildi. U Yahudo qabilasini yetakchi qilib tanladi, Yahudo qabilasidan esa otamning xonadonini ravo ko‘rdi, otamning o‘g‘illari orasidan esa meni mamnunlik ila butun Isroil ustidan shoh qildi. Egamiz menga ko‘p o‘g‘illar berdi, hamma o‘g‘illarim orasidan Isroil shohi qilib Sulaymonni tanladi. Ha, Egamizning shohligi taxtiga u o‘tiradi. Egamiz menga aytdi: — Men uchun uyni va hovlilarni quradigan o‘g‘ling Sulaymondir. Men uni O‘zimga o‘g‘il qilib tanladim, Men unga ota bo‘laman. Agar u bugungiday, Mening amrlarimu qonunlarimga qat’iyat bilan rioya qilib yursa, uning taxtini to abad mustahkam qilaman. Shuning uchun endi Egamizning jamoasi Isroil xalqining ko‘zi o‘ngida va Xudoyimizning guvohligida sizlarga aytayin: Egangiz Xudoning amrlarini bitta qoldirmay bajaring. Ana shunda sizlar mana shu hosildor yurtga egalik qilasizlar, bolalaringizga ham uni abadiy meros qilib qoldirasizlar. Endi Sulaymon o‘g‘lim, otang Xudoni tan olgin, butun onging bilan sidqidildan Unga xizmat qilgin. Zotan Egamiz har bir insonning yuragini sinaydi, niyatu fikrlarimizni U biladi. Agar Uni izlasang, topasan. Agar Uni tark etsang, U ham seni abadiy tashlab ketadi. Quloq sol! Ma’bad qurish uchun Egamiz seni tanlagan ekan, qani, dadil bo‘lib, ishga bel bog‘la!” Dovud Ma’bad binolarining, omborxonalarining, boshqa xonalarining va Eng muqaddas xonaning, ya’ni gunohdan poklash joyining chizma loyihalarini o‘g‘li Sulaymonga berdi. Shuningdek, Dovud Egamiz uyining hovlilari va atrofidagi xonalari, Xudo uyining xazinalari va nazr qilingan hadyalar saqlanadigan xonalari uchun ko‘nglidagi niyatlarini aytdi. Ruhoniylar va levilarning tuzumiga, ularning Egamizning uyida qilinadigan barcha xizmatlariga va xizmat paytida foydalanadigan barcha ashyolarga oid ko‘rsatmalar berdi. Xizmatda ishlatiladigan quyidagi idish va jihozlarni yasash uchun oltin va kumush vaznini belgilab berdi: moychiroqlar va chiroqpoyalar, muqaddas nonlar qo‘yiladigan oltin xontaxta, kumush xontaxtalar, sanchqilar, tog‘orachalar, ko‘zalar, jomlar va tutatqi qurbongohi. Bundan tashqari, oltin aravaning, ya’ni qanotlarini yoyib, Egamizning ahd sandig‘ini qoplab turgan oltin karublarning loyihasini ham Sulaymonga berdi. So‘ngra Dovud shunday dedi: — Bularning hammasini men Egamning boshchiligida yozdim, loyihaning ikir–chikrlarini Uning O‘zi menga ayon qildi. U o‘g‘li Sulaymonga dedi: — Dadil va botir bo‘l. Ishni boshla! Qo‘rqma, vahimaga tushma! Egamiz Xudo — mening Xudoyim sen bilan birgadir. Egamizning uyidagi ishlar bitmaguncha, U seni tashlab qo‘ymaydi, tark etmaydi. Mana, ruhoniylar va levilar guruhlari Xudoning uyidagi har qanday xizmatni qilishga tayyor bo‘lib turibdilar. Mohir hunarmandlar senga joni bilan yordam beradilar. Butun xalq va ularning yo‘lboshchilari amringga muntazirdir. Shoh Dovud butun jamoaga shunday dedi: “Xudo tanlagan o‘g‘lim Sulaymon hali yosh, tajribasiz, qiladigan ishi esa ulkandir, chunki bu koshona inson uchun emas, balki Egamiz Xudo uchundir. Egamiz uyining qurilishi uchun men qo‘limdan kelganicha oltin, kumush, bronza, temir, yog‘och, aqiq toshlar, bezak uchun firuza toshlar, rango–rang toshlar, har xil qimmatbaho toshlar va marmar yig‘dim. Endi esa, Xudoyimning uyiga bo‘lgan sadoqatimni ko‘rsatib, bularga qo‘shimcha qilgan holda shaxsiy xazinamdagi oltin va kumushni beraman. Men berayotgan mana bu 6.000 pud Ofir oltinini va 14.000 pud toza kumushni binolarning devorlarini qoplash uchun hamda hunarmandlar yasaydigan ashyolar uchun ishlatinglar. Qani, yana kim bugun Egamizga o‘z sadoqatini ko‘rsatmoqchi? Kim Ma’badning qurilishiga nazrlar bermoqchi?” Shunda urug‘boshilar, qabila yo‘lboshchilari, mingboshilar, yuzboshilar va shohning a’yonlari ko‘ngildan chiqarib nazrlar berdilar. Ular Xudo uyining qurilishi uchun 10.000 pud oltin, 10.000 draxma oltin, 20.000 pud kumush, 36.000 pud bronza va 200.000 pud temir nazr qildilar. Kimda qimmatbaho toshlar bo‘lsa, ularni Egamizning uyi xazinasiga berdilar. Xazinaga Gershon naslidan bo‘lgan Yoxiyol mas’ul edi. Odamlar yo‘lboshchilarning bergan bu hadyalari uchun sevindilar, chunki ular ko‘ngildan chiqarib bergan bu nazrlarini yakdillik bilan Egamizga keltirgan edilar. Shoh Dovud ham juda xursand bo‘ldi. Dovud butun jamoaning ko‘zi oldida Egamizga hamdu sano o‘qidi: “Ey bobomiz Yoqubning Xudosi — Egamiz! Senga to abad hamdu sanolar bo‘lsin! Ey Egamiz! Sen buyuk, qudratli, shuhratli, salobatli va ulug‘dirsan. Zotan yeru osmondagi barcha narsa Senikidir. Ey Egamiz! Sen Shohsan. Sen har narsadan yuksaksan. Boylik va shon–sharafning manbayi Sensan. Ha, Sen hamma narsa ustidan hukmronsan. Kuch–qudrat egasi O‘zingsan. Odamlarni yuksaltiradigan, ularga kuch beradigan Sensan. Endi, ey Xudoyimiz, biz Senga shukrlar aytamiz, Sening ulug‘ nomingni madh qilamiz. Lekin men kim bo‘libman, mening xalqim nima bo‘libdiki, biz ko‘ngildan chiqarib Senga nazr qila oladigan bo‘lsak? Axir, hamma narsa Sendan kelgan! Biz bugun bor–yo‘g‘i Sening narsangni O‘zingga qaytarib berdik, xolos. Biz Sening oldingda, ota–bobolarimiz singari musofiru mehmonmiz. Bizning umrimiz soyaday izsiz o‘tib ketadi. Ey Egamiz Xudo! Biz Sening muqaddas ismingga atab uy barpo qilish uchun yiqqan mana shu boyliklarning hammasi Sendan kelgan. Ha, hammasi O‘zingnikidir. Ey Xudoyim! Bilaman, Sen yurakni sinaysan, to‘g‘ri odamdan xushnud bo‘lasan. Mana shu nazrlarni men Senga chin dildan, ko‘nglimdan chiqarib berdim. Hozir esa shu yerda turgan xalqing ham nazrlarini Senga xursandchilik bilan ataganini ko‘rdim. Ey ota–bobolarimiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi — Egamiz! Xalqingning yuragidagi bu niyatu maqsadlarini to abad saqla, ularning yuragini O‘zingga bur. O‘g‘lim Sulaymon Sening amrlaring, shartlaring va qonunlaringga rioya qila olishi uchun va men hozirligini ko‘rib qo‘ygan Ma’badni qura olishi uchun unga kuchli istak ato qilgin.” Shundan keyin Dovud butun jamoaga: “Egamiz Xudoni olqishlang!” dedi. Ular ota–bobolarining Xudosi — Egamizni olqishladilar. Unga ta’zim qilib, Egamiz va shohning oldida muk tushdilar. Ertasi kuni ular ming bosh buqa, ming bosh qo‘chqor va ming bosh qo‘zini Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qildilar. Bular bilan birga sharob nazrlarini va butun Isroil xalqi uchun bir talay boshqa qurbonliklarni keltirdilar. O‘sha kuni jamiki Isroil xalqi katta xursandchilik bilan Egamiz huzurida yeb–ichdi. Ular Dovud o‘g‘li Sulaymonni ikkinchi marta shoh deb e’lon qildilar. So‘ng Sulaymon va Zodo‘xning boshlariga moy surtib, Sulaymonni Egamizning shahzodasi, Zodo‘xni esa ruhoniy qilib tayinladilar. Sulaymon Egamizning taxtiga o‘tirib, otasi Dovudning o‘rniga shoh bo‘ldi. U katta muvaffaqiyatga erishdi, butun Isroil xalqi unga itoat qilar edi. Barcha yo‘lboshchilar, bahodir jangchilar va shoh Dovudning hamma o‘g‘illari shoh Sulaymonga sodiq bo‘lishga so‘z berdilar. Egamiz Sulaymonni shu qadar yuksaltirdiki, butun Isroil xalqi uni nihoyatda izzat qiladigan bo‘ldi. Darhaqiqat, Sulaymondan oldin hech qanday shoh Isroilda bunday dabdabali shuhratga erishmagan edi. Essay o‘g‘li Dovud butun Isroil ustidan shoh bo‘lgan. U Isroilda qirq yil shohlik qildi: shundan yetti yili Xevronda, o‘ttiz uch yili Quddusda o‘tdi. Dovud yoshini yashab, oshini oshadi, davlatu shuhrat orttirib, olamdan o‘tdi. O‘rniga o‘g‘li Sulaymon shoh bo‘ldi. Shoh Dovudning butun faoliyati, boshdan oxirigacha valiy Shomuilning, payg‘ambar Natanning va valiy Gadning qo‘lyozmalarida bayon etilgan. Dovudning hukmronligi davrida ko‘rsatgan qahramonliklari, Isroil xalqining va o‘zining boshidan kechgan voqealar hamda atrofdagi shohliklarda yuz bergan hodisalar o‘sha kitoblarga kiritilgan. Dovud o‘g‘li Sulaymon o‘z hokimiyatini mustahkamlab oldi. Egasi Xudo u bilan birga bo‘lib, uni nihoyatda yuksaltirdi. Sulaymon jamiki Isroil xalqini — mingboshilarni, yuzboshilarni, hakamlarni, Isroilning hamma yo‘lboshchilarini va urug‘boshilarini chaqirtirdi. Sulaymon bilan butun jamoa Givondagi sajdagohga yo‘l olishdi. Egamizning quli Muso sahroda qurdirgan Xudoning Uchrashuv chodiri o‘sha davrda Givonda joylashgan edi. Xudoning ahd sandig‘i esa Dovudning tashabbusi bilan Xirat–Yorimdan Quddusga olib kelingan edi, chunki Dovud sandiq uchun Quddusda bir joy tayyorlab, chodir o‘rnatib qo‘ygan edi. Bazalil qurgan bronza qurbongoh esa hanuz Givondagi Egamiz chodirining qarshisida joylashgan edi. Bazalil Urining o‘g‘li va Xurning nevarasi edi. Sulaymon va jamoa qurbongoh oldida Egamizdan Uning xohish–irodasini so‘radilar. So‘ng Sulaymon Egamizning oldida Uchrashuv chodirining qarshisidagi o‘sha bronza qurbongoh ustiga chiqib, mingta qurbonlik kuydirdi. O‘sha kuni kechasi Xudo Sulaymonga zohir bo‘lib, unga: — Tila tilagingni! — dedi. Sulaymon Xudoga aytdi: — Sen otam Dovudga ulug‘ sevgingni ko‘rsatding. Meni uning o‘rniga shoh qilding. Ey Parvardigor Egam! Otam Dovudga bergan va’dang ustidan chiq. Axir, Sen meni yerning qumiday ko‘p bo‘lgan bir xalq ustidan shoh qilding. Bu xalqni boshqara olishim uchun, menga donolik va ilmu ma’rifat bergin. Bo‘lmasa Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila olar?! Xudo Sulaymonga shunday javob berdi: — Sen o‘zing uchun mol–mulk, boylik, shon–shuhrat yoki dushmanlaringning jonini so‘ramading, hatto o‘zingga uzoq umr ham tilamading. Aksincha, Men seni ustidan shoh qilgan xalqimni boshqaray deb, donolik va ilmu ma’rifat so‘raganing uchun donolik va ilmu ma’rifat senga hadya bo‘lsin. Bularga qo‘shimcha qilib senga boylik, mol–mulk va shon–shuhrat beraman, sengacha o‘tgan va sendan keyin bo‘ladigan hech qaysi shoh senga teng kelmaydi. Shundan keyin Sulaymon Givondagi sajdagohda joylashgan Uchrashuv chodiridan Quddusga qaytib ketdi. U Isroil ustidan hukmronlik qila boshladi. Sulaymon jang aravalari va otlarni to‘pladi. Uning 1.400 ta jang aravasi va 12.000 ta oti bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — o‘zining yoniga joylashtirdi. Shoh Quddusda kumushu oltinni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi. Shohning savdogarlari Misrdan va Quvaydan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvaydan sotib olishardi. Misrdan keltirgan har bir jang arava uchun 600 kumush tanga, har bir ot uchun 150 kumush tanga to‘lashardi. So‘ng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi. Sulaymon Egamizga atab Ma’bad va o‘zi uchun shohona saroy bunyod etishga qaror qildi. Sulaymon 70.000 yuk tashuvchini, qirlarda tosh kesadigan 80.000 sangtaroshni va bular ustidan nazoratchi qilib 3.600 kishini yolladi. Sulaymon Tir shohi Xiramga shu xabarni jo‘natdi: “Bir vaqtlar siz otam Dovudga saroyini qurish uchun sadr yog‘ochlarini jo‘natganingiz kabi menga ham sadr yog‘ochlarini jo‘nating. Men Egam Xudoga atab bir uy qurmoqchiman. U yerda xushbo‘y hidli tutatqilar tutatiladi, doimiy ravishda muqaddas nonlar nazr qilinib, xontaxta ustiga teriladi. Ertalab va kechqurunlari qurbonliklar kuydiriladi, shuningdek, Shabbat kunlarida, yangi oy bayramlarida va Egamiz Xudo belgilagan bayramlarda kuydiriladigan qurbonliklar keltiriladi. Isroil xalqi bularga doimo, avlodlar osha rioya qiladi. Men qurmoqchi bo‘lgan uy hashamatli bo‘ladi, chunki Xudoyimiz boshqa xudolardan buyukdir. Lekin kim Unga bir uy qura olar?! U osmonga, hatto osmoni falakka ham sig‘maydi–ku! Men kim bo‘libmanki, Unga uy qura olsam?! Faqat Unga qurbonliklar keltirish uchun bir joy tayyorlay olaman, xolos. Shunday ekan, menga mohir bir ustani yuboring. U o‘ymakorlikdan bo‘lak, oltin, kumush, bronza va temirga ishlov bera oladigan, safsar, qizil va ko‘k matolar to‘qiy oladigan bo‘lsin. U Yahudo va Quddusda, otam Dovud saralagan mohir ustalarim bilan birga ishlaydi. Menga Lubnondan sadr, sarv va sandal yog‘ochlarini jo‘nating. Sizning xizmatkorlaringiz Lubnon daraxtlarini kesishga usta ekanini bilaman. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar. Ular men uchun katta miqdorda yog‘och tayyorlab berishsin. Men qurmoqchi bo‘lgan uy ulkan va hashamatli bo‘lishi kerak. Men yog‘och kesadigan xizmatkorlaringizga ish haqi qilib 200.000 tog‘ora yanchilgan bug‘doy, 200.000 tog‘ora arpa, 40.000 ko‘za sharob va 40.000 ko‘za zaytun moyi yuboraman.” Shundan keyin Tir shohi Xiram maktub orqali Sulaymonga shunday javob berdi: “ Egamiz O‘z xalqini sevgani uchun, ular ustidan sizni shoh qildi.” Xiram yana shu gaplarni aytdi: “Yeru ko‘kni yaratgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U shoh Dovudga dono, aqlli, fahm–farosatli o‘g‘il ato qilibdi. Shu o‘g‘il Egamizga atab Ma’badni va o‘zi uchun saroyni bunyod qiladi. Sizga Xurom ismli aqlli, mohir bir ustani yuboryapman. Uning onasi — Dan qabilasidan, otasi esa — Tirlik. Uning o‘zi oltin, kumush, bronza, temir, tosh va yog‘ochga ishlov beradigan mohir ustadir. U safsar, ko‘k, qizil matolarni va mayin zig‘ir matoni ham to‘qishni biladi. Shuningdek, turli o‘ymakorlik ishlarni bajara oladi, unga berilgan har qanday naqshni sola oladi. Xurom sizning ustalaringiz va otangiz bo‘lmish xo‘jayinim Dovud yetishtirgan ustalar bilan birga ishlaydi. Janobi oliylari! O‘zingiz aytgan bug‘doy, arpa, zaytun moyi, sharobni qullaringizga yuboring. Sizga kerak bo‘ladigan har qanday daraxtni biz Lubnondan kesib beramiz, yog‘ochlardan sol qilib, dengiz sohili bo‘ylab Yaffaga qadar keltirib beramiz. Siz o‘sha yerdan yog‘ochlarni Quddusga olib ketaverasiz.” Shundan keyin Sulaymon otasi Dovud singari, Isroil yurtida istiqomat qilayotgan musofirlarning hammasini ro‘yxatga oldi. Musofirlarning soni 153.600 kishi ekan. Sulaymon ularning 70.000 tasini og‘ir yuk tashuvchi, 80.000 tasini qirlarda tosh kesadigan sangtarosh, 3.600 tasini esa ishlayotganlar ustidan nazoratchi qilib tayinladi. Sulaymonning otasi shoh Dovud Egamizning uyi uchun Quddusda bir joy tayyorlab qo‘ygan edi. Bu joy Moriyox tog‘ida — Dovudga Egamiz zohir bo‘lgan Yobuslik O‘rnanning xirmonida edi. Sulaymon Xudoning uyini o‘sha yerda barpo qila boshladi. Qurilish Sulaymon hukmronligining to‘rtinchi yili, ikkinchi oyining ikkinchi kunida boshlangan edi. Sulaymon Xudoning uyi uchun poydevor qo‘ydi, poydevorning uzunligi (qadimgi o‘lchov birligiga asosan) 60 tirsak, eni 20 tirsak edi. Uyning asosiy xonasi oldida ayvon bo‘lib, ayvonning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, balandligi 120 tirsak edi. Sulaymon ayvonning ichini toza oltin bilan qoplatdi. Asosiy xonaning devorlarini oldin sarv taxtasi bilan qoplatib, ustidan toza oltinni qoplatdi, so‘ng xurmo daraxti va zanjirlar shakllarini o‘ydirib soldirdi. Uyni qimmatbaho toshlar bilan bezattirdi. Parvayimdan keltirilgan oltin bilan uyning to‘sinlarini, ostonalarini, devorlarini va eshiklarini qoplatdi. Devorlarga karublar suratini o‘ydirdi. Sulaymon Eng muqaddas xonani ham qurdirdi. Bu xonaning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, eni ham 20 tirsak edi. Sulaymon bu xonani 200 pud toza oltin bilan qoplatdi. Ishlatilgan oltin mixlarning umumiy og‘irligi 125 misqol edi. Yuqori xonalarning devorlari ham oltin bilan qoplandi. So‘ng Sulaymon ikkita karub shaklini yasattirdi. Ularni oltin bilan qoplatib, Eng muqaddas xonaga o‘rnashtirdi. [11-13] Karublar yonma–yon, kiraverishga qaratib qo‘yilgan edi. Har birining ikkitadan qanoti bo‘lib, har bir qanotining uzunligi besh tirsak edi. Qanotlar yoyilgan holda yasalgan bo‘lib, karublarning bir qanoti devorga tegib turar edi. Ikkinchi qanoti esa xonaning markazida boshqa karubning qanotiga tegib turar edi. Ikkala karubning yoyilgan qanotlari jami 20 tirsakni tashkil qilar edi. *** *** Sulaymon ko‘k, safsar, qizil matolardan va mayin zig‘ir matosidan ichki parda qildirib, pardaning ustiga karublar suratini soldirdi. Sulaymon 35 tirsak balandlikdagi ikki ustun yasattirib, ularni Egamiz uyining old tomoniga o‘rnatdi. Har bir ustun tepasida ustunqosh bo‘lib, ustunqoshning balandligi 5 tirsak edi. Ustunqoshlar to‘qilgan zanjirlar va yuzta anor surati bilan bezatilgan edi. Ustunlar uyning oldiga — bittasi o‘ng tomonga, ikkinchisi chap tomonga o‘rnatilgan edi. O‘ng tomondagi ustunga Yoxin deb, chap tomondagisiga Bo‘az deb nom berildi. Shoh Sulaymon bronza qurbongoh yasatdi. Qurbongohning uzunligi 20 tirsak, eni ham 20 tirsak, balandligi 10 tirsak edi. Keyin bronzani eritib, dumaloq shaklda hovuz yasatdi. Hovuzning bir qirg‘og‘idan narigi qirg‘og‘igacha 10 tirsak, balandligi esa 5 tirsak edi. Aylanasi 30 tirsak edi. Hovuzning tashqi tomonida, qirg‘og‘i ostida aylanasiga ikki qator buqa shakli bor edi. Har bir tirsak masofada o‘ntadan shunday shakl qilingan edi. Bronza eritilib, hovuz yasalayotgan paytda, bu buqa shakllari ham qilingan edi. Hovuz bronzadan yasalgan o‘n ikkita buqa ustiga o‘rnashtirilgan edi. Buqalarning uchtasi shimolga, uchtasi g‘arbga, uchtasi janubga va uchtasi sharqqa qaratilgan edi. Buqalarning orqa tomoni hovuzning ichkarisiga qaratilgan edi. Hovuzning qalinligi to‘rt enli bo‘lib, chetlari kosaning chetlariga o‘xshar, shakli lolagulga o‘xshardi. Unga 6.000 ko‘za suv sig‘ardi. Sulaymon o‘nta tog‘ora ham yasatdi. Tog‘oraning beshtasi hovuzning chap tomoniga, beshtasi o‘ng tomoniga o‘rnatildi. Bu tog‘oralar qurbonlik qilib kuydiriladigan hayvonlarni yuvish uchun mo‘ljallangan edi. Hovuz esa ruhoniylarning yuvinishi uchun edi. [7-8] Sulaymon loyihaga binoan o‘nta oltin chiroqpoya bilan o‘nta xontaxta yasatib, ularni Ma’badning asosiy xonasiga o‘rnashtirdi. Beshta chiroqpoya bilan beshta xontaxtani xonaning o‘ng tomoniga, qolgan beshta chiroqpoya bilan beshta xontaxtani xonaning chap tomoniga o‘rnashtirdi. Bulardan tashqari, oltindan yuzta tog‘oracha ham yasatdi. *** Sulaymon ruhoniylar uchun ichki hovlini qurdirdi. Bundan tashqari, tashqi hovlini qurdirib, ikki hovli orasiga eshiklar yasatdi. Eshiklarni bronza bilan qoplatdi. Hovuzni Egamiz uyining janubi–sharq tomonidagi burchagiga o‘rnashtirdi. Xurom qozonlar, kurakchalar va tog‘orachalar ham yasadi. Shunday qilib, u shoh Sulaymon uchun Xudoning uyiga oid quyidagi ashyolarni yasab berdi: ikkita ustun, ustunlarning tepasidagi ikkita doira shaklidagi ustunqosh, ustunqoshni o‘rab turgan ikkita to‘rsimon bezak, ikkala bezakning yonlarida to‘rt yuzta anor surati, ya’ni ustunlar tepasida doira shaklidagi ikkita ustunqoshni qoplab turish uchun har bir to‘rsimon bezakning ikkala chekkasidagi anor suratlari, aravalar, aravalar ustidagi tog‘oralar, bitta hovuz, hovuz ostidagi o‘n ikki buqa shakli, qozonlar, kuraklar, sanchiqlar va bularga aloqador barcha buyumlar. Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid ana shu ashyolarni sayqallangan bronzadan yasab berdi. Shoh bu narsalarni Iordan vodiysi atroflarida — Suxo‘t va Zarido orasida loydan yasalgan qoliplarda quydirdi. Sulaymon bu narsalarning hammasini ko‘p miqdorda yasattirdi, shuning uchun ishlatilgan bronzaning hisobini aniqlab bo‘lmadi. Sulaymon Xudoning uyi uchun quyidagi hamma buyumlarni ham yasattirdi: oltindan yasalgan tutatqi qurbongohi, ustida muqaddas nonlar turadigan xontaxtalar, toza oltindan ishlangan chiroqpoyalar va ularning moychiroqlari, bular loyihaga binoan Eng muqaddas xonaning oldida yonib turishlari kerak edi, yana toza oltindan gullar, moychiroqlar, qisqichlar, qaychilar, tog‘orachalar, kurakchalar va olovkuraklar yasatdi. Eng muqaddas xona va asosiy xona eshiklari ham toza oltindan yasalgan edi. Shunday qilib, Sulaymon Egamizning uyiga oid hamma ishlarni bitirdi. So‘ngra u otasi Dovud nazr qilgan narsalarni olib kelib, kumush, oltin va hamma buyumlarni Xudoning uyi xazinasiga qo‘ydi. Shundan so‘ng Sulaymon Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yo‘lboshchilarini, Isroil xalqi urug‘boshilarini Quddus shahriga to‘pladi. U Egamizning ahd sandig‘ini Dovud qal’asidan — Siondan Egamizning uyiga olib kelmoqchi edi. Ularning hammasi yettinchi oyda nishonlanadigan Chayla bayrami paytida shohning huzuriga yig‘ilishdi. Isroil oqsoqollarining hammasi kelgach, levilar sandiqni yerdan ko‘tarishdi. Ruhoniylar va levilar sandiq bilan birga Uchrashuv chodirini, chodirdagi barcha muqaddas buyumlarni Egamizning uyiga olib kelishdi. Shoh Sulaymon va to‘plangan butun Isroil jamoasi sandiqning oldida qo‘ylar, buqalar so‘yib qurbonlik qilishdi. Qurbonlik qilingan qo‘y va buqalar shu qadar ko‘p ediki, hisobiga yetib bo‘lmasdi. Ruhoniylar Egamizning ahd sandig‘ini unga atalgan joyga — Eng muqaddas xonaga, karublarning qanotlari ostiga qo‘yishdi. Karublarning qanotlari sandiq usti bo‘ylab cho‘zilgan va sandiq hamda uning xodalarini berkitib turardi. Xodalar shunchalik uzun ediki, ularning uchi Eng muqaddas xonaning shundaygina oldidan ko‘rinib turardi, boshqa joydan esa ko‘rinmasdi. Xodalar bugungacha ham o‘sha yerda turibdi. Sandiqning ichida Muso Sinay tog‘ida qo‘ygan ikkita tosh lavhadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin Sinay tog‘ida Egamiz ular bilan ahd tuzgan edi. [11-14] Bu yerda hozir bo‘lgan ruhoniylarning hammasi, qaysi guruhga qarashli bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zlarini poklagan edilar. Jamiki levi sozandalari — Osif, Xaman, Yodutun, ularning o‘g‘illari va qarindoshlari mayin zig‘ir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olgan edilar. Levilar zang, arfa va liralarni ko‘tarib qurbongohning sharq tomoniga turdilar. Ularning yonidan karnay chaladigan 120 ruhoniy joy oldilar. Sozandalaru karnaychilar jo‘r bo‘lib, Egamizga hamdu sano va shukrona aytar edilar. Karnay, zang va boshqa sozlar jo‘rligida qo‘shiqchilar Egamizga shunday hamdu sano kuylar edilar: “Egamiz yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir.” Ruhoniylar Xudoning uyidan chiqib ketayotganlarida, birdaniga uyni bulut qoplab, Egamizning ulug‘vorligi u yerni to‘ldirdi. Shuning uchun ruhoniylar o‘z xizmatini davom ettira olmadilar. Shunda Sulaymon ibodat qildi: — Ey Egamiz! Sen, zim–ziyo zulmatda maskan qilarman, degan eding. Mana endi Senga ajoyib bir uy, abadiy istiqomat qilishing uchun bir maskan barpo qildim. Keyin shoh orqasiga qayrilib, tik turgan jamiki Isroil jamoasini duo qildi. Shoh dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U otam Dovudga bergan va’dasini bajardi. Egamiz otamga shunday degan edi: — Xalqim Isroilni Misrdan olib chiqqan kunimdan beri Men ulug‘lanadigan uy barpo qilish uchun Isroil qabilalarining birorta shahrini tanlamagan edim, birorta odamni xalqimga hukmron qilib saylamagan edim. Mana, endi esa ulug‘lanishim uchun Quddusni tanladim, xalqim ustidan hukmron bo‘lsin deb, Dovudni sayladim. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qilmoq otam Dovudning niyati edi. Lekin Egamiz otam Dovudga shunday deb aytdi: — Modomiki, Menga atab bir uy barpo qilmoqni ko‘nglingga tuygan ekansan, yaxshi qilibsan. Biroq Menga atab o‘sha uyni sen emas, balki sening pushti kamaringdan bino bo‘ladigan o‘g‘ling barpo qiladi. Egamiz va’da bergan edi, bajo ayladi: otam Dovudning o‘rniga taxtga men chiqdim, Egamiz va’da etganiday, Isroil taxtiga o‘tirdim, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy bino qildim. O‘sha uyga Ahd sandig‘ini o‘rnashtirdim. Egamizning Isroil xalqi bilan qilgan ahd lavhalari shu sandiqning ichida turibdi.” Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida Isroil jamoasi ro‘parasida qo‘llarini ko‘kka cho‘zdi. U supaning ustida turar edi. Bu supani Sulaymon bronzadan yasab, uni hovlining o‘rtasiga o‘rnatgan edi. Supaning uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, balandligi uch tirsak edi. Sulaymon butun Isroil jamoasi oldida tiz cho‘kib, qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha, ibodat qila boshladi: “Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Na ko‘kda, na yerda Senga o‘xshashi yo‘q. Senga butun qalbi bilan bog‘lanib, Sen ko‘rsatgan yo‘ldan yuradigan qullaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan. Quling — otam Dovudga Sen O‘z og‘zing bilan bergan va’dalaringni bugun qo‘ling bilan bajo aylading. Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! O‘zingning qulingga — otam Dovudga: — Bolalaring ham senga o‘xshab qonunlarimga rioya qilib, o‘ylab qadamini bossalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi, — deb va’da bergan eding. Endi bergan va’dangni ado et! Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Quling Dovudga aytganlaring to‘g‘ri chiqsin, deb iltijo etaman. Xudo yer yuzida inson zoti bilan yasharmidi?! Sen osmonga, hatto osmoni falakka ham sig‘massan. Falak oldida men qurgan uy nima bo‘libdi?! Ey Egam Xudo, iltijo bilan qilgan ibodatimni qabul et! Senga yolvorib qilayotgan iltijolarimga javob ber. Sen: “Men o‘sha yerda ulug‘lanay”, deb aytgan eding. Ko‘zlaring kechayu kunduz o‘sha joyga — o‘sha uyga qadalib tursin. Men, quling o‘sha tomonga qarab ibodat qilaman, ibodatlarimni tingla. Isroil xalqi bilan birga o‘sha tomonga qarab qilgan iltijolarimizga quloq tut. Samolardan — O‘z makoningdan turib quloq sol, eshitginu gunohimizdan o‘t. Kimdir gunohkorlikda ayblansa, o‘sha odam kelib, shu uyingdagi qurbongohing oldida aybsizman, deb ont ichsa, ey Egam, samodan turib quloq sol, qullaringni O‘zing hukm et. Gunohkorning qilmishini bo‘yniga qo‘y, jazosini ber. Gunohsizning esa haqligini ko‘rsat, haq bo‘lgani uchun uni ozod qil. Xalqing Isroil Sening oldingda gunoh qilgani uchun yovga mag‘lub bo‘lsa, yana qaytib Seni tan olsa–da, o‘sha uyda Senga yolvorib iltijo qilsa, Sen samodan turib, ularning iltijolariga quloq sol, gunohlaridan o‘t. Ularga va otalariga O‘zing bergan yurtga ularni qaytar. Ular Senga qarshi gunoh etganlari uchun osmon berkilib, yomg‘ir yog‘maganda, ular o‘sha uyga qarab, Seni yana tan olib iltijo qilsalar, Sen ularni gunohlari uchun jazolaganingda, tavba qilsalar, qullaring Isroil xalqiga samodan turib quloq sol, ularning gunohidan o‘t. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat, toki o‘sha yo‘ldan ketsinlar, keyin xalqingga mulk qilib bergan yerga yomg‘ir yog‘dir. Yurtda ocharchilik yo o‘lat paydo bo‘lsa, garmsel, zang kasali, chigirtka, qurt–qumursqa bossa yoki o‘z yurtida xalqingni yovlar qamal qilsa, yoxud kulfat, xastalik ularning boshiga kelsa, har qanday inson yoki xalqing Isroil Senga yolvorib ibodat qilsa, har kim o‘z dard–hasratini aytib, bu uy tomon qo‘llarini cho‘zsa, [30-31] Sen osmondan — maskaningdan turib quloq sol va ularning gunohidan o‘t. Har birining tutgan yo‘liga qara, xizmatiga yarasha ber, toki Sen O‘zing ota–bobolarimizga bergan yurtda ular umrlarining oxirigacha Sendan qo‘rqib, Sening yo‘llaringdan yursinlar. Zotan, jamiki inson bolasining ko‘nglidagini yolg‘iz Sen bilasan, xolos. *** Xalqing Isroildan bo‘lmagan begona odam Seni deb uzoq yurtdan kelsa, Sening shuhrating, qudrating va ajoyibotlaring haqida eshitib, o‘sha uyga qarab ibodat qilsa, Sen makoningdan turib quloq sol. O‘sha odamning so‘raganini bajo ayla, toki yer yuzidagi hamma xalqlar Seni bilishsin, xalqing Isroil kabi Sendan hayiqadigan bo‘lsin. Men barpo qilgan shu uy Senga atab qilinganini bilsin. Sen xalqingni g‘animlariga qarshi jang qilishga yuborganingda, ular O‘zing tanlab olgan bu shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar, osmondan turib ularning iltijolarini eshit, bajo ayla. Sening oldingda ular gunoh qilganlarida, chunki gunoh qilmaydigan odamning o‘zi yo‘q, Sen g‘azablanib, ularni yaqin yoki uzoq yurtlarga asir qilib olib ketadigan dushmanlarning qo‘liga bersang, ular g‘animlari yurtida asirlikda yurib, esini yig‘ib olgach: “Gunoh qildik, shakkoklik qildik, aybdormiz”, deb tavba qilib, Senga yolvorsalar, asir bo‘lgan yurtda butun qalbi bilan, jonu dili bilan Senga qaytsalar, O‘zing ota–bobolariga bergan yurtga, O‘zing tanlab olgan shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar, samodan — makoningdan turib ularning qilgan iltijolarini eshit, bajo ayla. Xalqing Senga qarshi qancha gunoh qilgan bo‘lmasin, ularni kechir. Endi, ey Xudoyim, bizga nazar sol, shu joyda qilgan ibodatlarimizga quloq tut. Qani, ey Parvardigor Egam, kel oromgohingga Qudrating ramzi bo‘lgan sandiq bilan birga. Ey Parvardigor Egam! Ruhoniylaring najot kiyimlarini kiyishsin. Taqvodorlaring ezguligingdan shod bo‘lishsin. Ey Parvardigor Egam! Tanlagan shohingni rad qilmagin! Quling Dovudga ko‘rsatgan sevgingni yodingda tutgin.” Sulaymon ibodat qilib bo‘lishi bilanoq, osmondan alanga tushib, kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni yamlab yubordi. Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirdi. Shuning uchun ruhoniylar Egamizning uyiga kira olmadilar. Jamiki Isroil xalqi olov tushganini va Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirganini ko‘rgach, hammalari yerga muk tushib, ta’zim qildilar va Egamizga sajda qilib, Unga shukrona aytdilar: “Egamiz yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir.” Shundan keyin shoh va barcha xalq Egamizga atab qurbonlik qildilar. Shoh Sulaymon 22.000 buqani, 120.000 qo‘yni Egamizga atab qurbonlik qildi. Shu tariqa shoh va butun xalq Xudoning uyini bag‘ishladilar. Ruhoniylar o‘z joylarini egalladilar. Levilar ham musiqiy asboblarni ko‘tarib, ruhoniylar singari o‘z joylariga turdilar. Dovud bu musiqiy asboblarni Egamizga hamdu sano aytish uchun yasattirgan edi, Dovudning o‘zi Egamizni madh etib, “Uning sodiq sevgisi abadiydir” deb hamdu sano aytganda, o‘sha musiqiy asboblardan foydalangan edi. Xalq tik turar, levilarning qarshisidan joy olgan ruhoniylar esa karnaylar chalardilar. Sulaymon Egamizning uyi oldidagi hovli o‘rtasini ham muqaddas qildi. So‘ng o‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yog‘ini nazr qildi, chunki bularning hammasi u yasattirgan bronza qurbongoh ustiga sig‘magan edi. Keyin Sulaymon va u bilan birga nihoyatda katta jamoa — Levo–Xomatdan tortib Misr soyligiga qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi yetti kun davomida Chayla bayramini nishonlashdi. Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bag‘ishlanishini nishonlashdi, keyin yana yetti kun Chayla bayramini qilishdi. Chayla bayramidan keyin muqaddas yig‘in qilishdi. Yettinchi oyning yigirma uchinchi kuni Sulaymon xalqni o‘z uylariga jo‘natdi. Egamizning Dovudga, Sulaymonga va Isroil xalqiga ko‘rsatgan muruvvati tufayli hammaning ko‘ngli shodlikka to‘lgan edi. Sulaymon Egamizning uyini ham, o‘zining saroyini ham qurib bo‘ldi. Mo‘ljallangan hamma yumushlarni muvaffaqiyat bilan tamom qildi. Keyin Egamiz kechasi Sulaymonga zohir bo‘lib, unga aytdi: “Menga qilgan iltijolaringni eshitdim, bu uyni O‘zimga qurbonliklar keltiriladigan joy qilib tanladim. Yomg‘ir yog‘masin deb osmonni berkitganimda, yoki chigirtkalarga yer yuzini yeb bitirishi uchun amr berganimda, yoxud xalqimning orasiga o‘lat kasalini yuborganimda, Mening nomim bilan atalgan xalqim tavba qilib, Menga iltijo qilsa, Menga yuz burib qabih yo‘llaridan qaytsa, Men osmondan turib ularning iltijolarini eshitaman, gunohlarini kechirib, yurtiga shifo beraman. Endi sizlarga nazarimni solaman, bu joyda qilgan ibodatlaringizga quloq tutaman. Men to abad ulug‘lanishim uchun bu uyni tanlab, muqaddas qildim. Bu uydan ko‘zimni uzmayman, qalbim u yerni maskan qiladi. Agar sen Mening oldimda otang Dovud kabi yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang, shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Shunda otang Dovud bilan tuzgan ahdim, unga: “Sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroilda hukmronlik qiladi” deb aytgan gaplarim amalga oshadi. Bordi–yu, sen yo‘limdan qaytsang, bergan amr va farmonlarimni tark etsang, borib boshqa xudolarga xizmat qilsang, ularga topinsang, seni O‘zim bergan yurtdan qo‘porib tashlayman. Ulug‘lanishim uchun muqaddas qilgan bu uyni tark etaman. Ana o‘shanda bu uy hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ladi, hamma xalqlar uyimni masxara qiladi. Hozir ajoyib bo‘lib turgan uyning yonidan o‘tganlar dahshatga tushadilar: — Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a? — deydigan bo‘ladilar. So‘ng yana o‘zlari shunday xulosa chiqaradilar: — E–ha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan, Egasi Xudodan yuz o‘girdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, o‘sha xudolarga topinib, xizmat etdilar–ku! Qilmishlariga yarasha o‘zlarining Egasi ularning boshiga shu ko‘rgiliklarni solibdi–da.” Sulaymon Egamizning uyini va o‘z saroyini yigirma yilda bitirgan edi. So‘ngra shoh Xiram bergan shaharlarni qaytadan qurib, Isroil xalqini o‘sha shaharlarga joylashtirdi. Sulaymon Xomat–Zo‘voga yurish qilib, u joyni qo‘lga kiritdi. U sahrodagi Tadmo‘r shahrini va Xomatdagi ombor shaharlarni tuzatib mustahkamladi. U yana tepadagi Bayt–Xo‘ronni va pastki Bayt–Xo‘ronni qaytadan qurdi, bu shaharlarni devor bilan o‘radi, tambalanadigan darvozalar o‘rnatdi. Baalat shahrini, o‘zining hamma ombor shaharlarini, hamma jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi. Shu o‘lkada qolib ketgan Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi. Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini qirib bitirmagan edi. Sulaymon o‘sha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha bor. Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qarollik uchun qul qilmadi. Shohning sipohlari, a’yonlari, jang aravalarining qo‘mondonlari va suvorilarining qo‘mondonlari Isroil xalqidan edi. Sulaymonning ishboshilari 250 kishi bo‘lib, ular odamlar ustidan nazoratchi edilar. Sulaymon Fir’avnning qizini Dovud qal’asidan unga atab barpo qilgan yangi saroyga ko‘chirtirdi. U shunday degan edi: “Mening xotinim Dovud qal’asida ortiq yashay olmaydi, chunki Ahd sandig‘i saqlangan har qanday joy muqaddasdir.” Sulaymon Ma’bad ayvonining qarshisida qurgan qurbongoh ustida Egamizga qurbonliklar kuydira boshladi. U bu qurbonliklarni Musoning talablariga rioya qilgan holda Shabbat kunlarida, yangi oy shodiyonalarida va yilda bir martadan nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayramida, Hosil bayramida va Chayla bayramida keltirar edi. Sulaymon, otasi Dovud joriy qilgan qoidaga ko‘ra, ruhoniylar va levilarning xizmatlarini taqsimlab berdi. Levilar Egamizni madh qilishda va kundalik ishlarda ruhoniylarga yordam berardilar. Sulaymon Ma’bad darvozabonlarini ham guruhlarga bo‘lib, har bir darvozada ularning har kuni qiladigan ishlarini taqsimlab berdi. U bularning hammasini Xudoning odami Dovudning farmoniga muvofiq qildi. Shoh Dovudning ruhoniylarga, levilarga, xazinalarga va boshqa narsalarga oid birorta ko‘rsatmasi e’tibordan chetda qolmadi. Shunday qilib, Sulaymon hamma ishni o‘z nihoyasiga yetkazdi. Egamiz uyining poydevori qo‘yilgandan boshlab, to uy tamomila qurilib bo‘lgunicha bajarilgan hamma ish muvaffaqiyatli bo‘ldi. Shundan so‘ng Sulaymon Edom yurtidagi Qizil dengiz qirg‘og‘ida joylashgan Ezyo‘n–Geber va Elet shaharlariga ketdi. Shoh Xiram Sulaymonga o‘z kemachilari va tajribali dengizchilari boshchiligida kemalarni jo‘natdi. Ular Sulaymonning odamlari bilan birga Ofir yurtiga suzib borib, u yerdan Sulaymonga 960 pud oltin keltirib berdilar. Shava malikasi Sulaymonning dong‘ini eshitgach, Quddusga keldi. U Sulaymonga topishmoqlar aytib sinab ko‘rmoqchi edi. Malika o‘zi bilan juda ko‘p miqdorda oltin va qimmatbaho toshlar, xushbo‘y ziravorlar yuklangan katta karvonni boshlab kelgan edi. Malika Sulaymonning huzuriga kirgach, ko‘nglida nima bo‘lsa, hammasini unga aytdi. Sulaymon malikaning hamma savollariga javob berdi, malikaning birorta savoliga javob berishda qiynalmadi. Shava malikasi Sulaymonning donoligini, u qurgan saroyni, dasturxonidagi noz–ne’matlarni, a’yonlarning tartib–qoidaga ko‘ra joylashuvlarini, shoh soqiylari va bakovullarining xizmat liboslarini, Egamizning uyida shoh Sulaymon kuydirib, nazr qilgan qurbonliklarni ko‘rdi. Malika g‘oyat hayratlanib, shohga dedi: — Sizning ishlaringiz, donoligingiz haqida yurtimda eshitganlarim to‘g‘ri ekan. Kelib o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmaguncha, gap–so‘zlarga ishonmagan edim. Menga donoligingizning hatto yarmini ham aytishmagan ekan. Men eshitgandan ham ortiq bo‘lib chiqdingiz! Naqadar baxtiyordir odamlaringiz! Omadlidir xizmatkorlaringiz! Ular doimo huzuringizda bo‘lib, donoligingizdan bahra olishar. Sizdan mamnun bo‘lib, Isroil taxti uzra o‘tqazgan Egangiz Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U Isroilni to abad sevgani uchun adolat va to‘g‘rilik bilan hukm etsin, deb sizni shoh qilgan ekan. Malika Sulaymonga 250 pud oltin, behisob xushbo‘y ziravorlar va qimmatbaho toshlar hadya qildi. Shava malikasi hadya qilgan xushbo‘y ziravorlarning sifati shu qadar yuqori ediki, ularga teng keladigani yo‘q edi. Xiram bilan Sulaymonning Ofirdan oltin olib kelgan xizmatkorlari sandal daraxti yog‘ochlari va qimmatbaho toshlarni ham keltirgandi. Shoh u yog‘ochlardan Egamizning uyi uchun ham, shoh saroyi uchun ham zinalar, musiqachilar uchun lira va arfalar yasattirdi. Bularga o‘xshaganini Yahudo yurtida hech kim hech qachon ko‘rmagan. Shoh Sulaymon Shava malikasiga istagan va so‘raganining hammasini muhayyo qildi. Malika olib kelganidan ham ziyodroq narsa berdi. Shundan keyin malika hamma odamlarini ergashtirib o‘z yurtiga jo‘nab ketdi. Har yili Sulaymonga kelib turadigan oltinning og‘irligi 1425 pud edi. Odamlar va savdogarlarning oldi–sottisidan olinadigan soliq bunga kirmasdi. Arab shohlari va Isroil hokimlari ham Sulaymonga oltin, kumush olib kelishardi. Shoh Sulaymon oltindan ikki yuzta katta qalqon yasatdi. Har bir qalqonni yasashga yarim pud oltin sarf bo‘ldi. Yana oltindan uch yuzta kichik qalqon ham yasatdi. Har bir qalqon uchun 750 misqol oltin sarflandi. Shoh bu qalqonlarni “ Lubnon o‘rmoni” degan uyiga qo‘ydi. U yana fil tishidan katta taxt yasatib, uni toza oltin bilan qoplatdi. Taxtning oltita pog‘onasi va o‘rindiqqa ulangan oltin oyoq kursisi bor edi. O‘rindiqning ikki tomonida tirsagi bor edi. Tirsaklarning yonida ikkita sher tasviri turardi. Har bir pog‘onaning ikki chekkasida ham bittadan sher tasviri bo‘lib, taxtning olti pog‘onasida jami o‘n ikkita sher tasviri bor edi. Bunday taxt boshqa birorta shohlikda bo‘lmagan edi. Shoh Sulaymonning ichimlik ichadigan hamma idishlari oltindan, “Lubnon o‘rmoni” degan uyidagi hamma idishlar ham toza oltindan edi. Sulaymon davrida kumush arzimas narsa bo‘lib qolgan edi. Xiramning kemalari qatorida, Sulaymonning ham dengizda savdo kemalari bo‘lib, bu kemalar har uch yilda oltin, kumush, fil tishlari, turli–tuman maymunlar olib qaytardi. Shunday qilib, Sulaymon boylikda ham, donolikda ham yer yuzidagi hamma shohlardan o‘tib ketdi. Xudo Sulaymonga bergan donolikni eshitmoq uchun yer yuzidagi hamma shohlar uning oldiga kelgani oshiqardi. Kelganlarning har biri kumush va oltin idishlar, kiyim, qurol–aslaha, xushbo‘y ziravorlar, ot va xachirlar hadya qilib olib kelar edi. Bunday hol yillab davom etardi. Sulaymonning otlari va jang aravalari uchun 4.000 ta otxonasi bor edi. Bulardan tashqari, u 12.000 uchqur otga ega edi. Sulaymon otlarning bir qismini aravalar saqlanadigan shaharlarga, ikkinchi qismini o‘z yoniga — Quddusga joylashtirgan edi. U Furot daryosidan to Filistlar yeriga qadar va Misr chegaralariga qadar bo‘lgan hamma shohlar ustidan hukmronlik qilardi. Shoh Quddusda kumushni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi. Shohning savdogarlari Sulaymon uchun Misrdan va boshqa barcha yurtlardan otlar olib kelishardi. Sulaymonning boshqa ishlari boshdan oxirigacha Natan payg‘ambarning tarix kitobida, Shilo‘lik Oxiyoning bashoratlarida va valiy Yiddoning vahiylarida bayon etilgan. Valiy Yiddoning vahiylarida Nabat o‘g‘li Yeribom hukmronligi to‘g‘risida ham yozilgan. Sulaymon Quddusda butun Isroil ustidan hukmdor edi. Uning hukmronligi qirq yil davom etdi. Sulaymon olamdan o‘tdi. U otasi Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga esa o‘g‘li Raxabom shoh bo‘ldi. Raxabom Shakam shahriga ketdi. Jamiki Isroil xalqi ham, Raxabomni shoh qilib ko‘taramiz, deb Shakamga kelishdi. Nabat o‘g‘li Yeribom bu haqda eshitib, Misrdan qaytdi. U Sulaymonning dastidan Misrga qochgan edi. Isroil xalqi odam yuborib, uni ayttirib kelishgan edi. So‘ng Yeribom bilan birgalikda hammasi Raxabom huzuriga kelib, unga shu gapni aytishdi: — Otangiz bizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi. U bizni majbur qilgan og‘ir mehnatni endi siz yengillatib, bo‘yinturuqdan xalos qiling. O‘shanda biz sizga itoat etamiz. — Uch kundan keyin huzurimga kelinglar, — dedi Raxabom kelganlarga. Shunday qilib, xalq qaytib ketdi. Shoh Raxabomning otasi Sulaymon hayotligi davrida oqsoqollar har doim uning oldida hoziru nozir edilar. Shoh o‘sha oqsoqollarga maslahat soldi: — Sizlar nima deysizlar, bu xalqqa nima deb javob bersam bo‘ladi? Oqsoqollar shohga shunday deb maslahat berishdi: — Agar siz bu xalqqa mehr ko‘rsatib, ularni mamnun qilsangiz, ulardan yaxshi so‘zingizni ayamasangiz, ular sizga bir umr xizmat qiladilar. Lekin shoh oqsoqollarning maslahatini rad qildi. Birga o‘sgan va o‘ziga xizmat qilayotgan yosh yigitlar bilan maslahatlashdi. Shoh o‘sha yigitlarga dedi: — Bu xalq menga: “Otangiz bizga solgan og‘ir bo‘yinturuqdan endi bizni siz xalos qiling”, deyapti. Ularga nima deb javob berayin? Sizlar qanday maslahat berasizlar? Raxabom bilan birga o‘sib–ulg‘aygan yosh yigitlar unga shunday maslahat berishdi: — Arz qilgan o‘sha xalqqa shunday deb ayt: “Mening jimjilog‘im otamning belidan ham yo‘g‘on. Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib, jazolayman.” Raxabom Yeribomga va xalqqa: “Uchinchi kuni huzurimga kelinglar”, deb aytgani uchun, xalq aytilgan paytda shoh Raxabomning huzuriga keldi. [13-14] Shoh oqsoqollarning bergan maslahatlarini pisand qilmay, yosh yigitlarning gapiga kirib, xalqqa keskin javob berdi: — Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan urib jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib jazolayman. *** Shunday qilib, shoh xalqqa quloq solmadi. Egamizning Shilo‘lik Oxiyo orqali Nabat o‘g‘li Yeribomga bergan so‘zi bajo bo‘lishi uchun, Xudo bu voqeani shunday rejalashtirgan edi. Isroil xalqi qarasaki, shoh gapga quloq solmayapti. Shundan keyin xalq unga shunday xitob qildi: “Essay o‘g‘li Dovudning bizga o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘q, Bizning ham undan qarzimiz yo‘q! Ey Isroil xalqi, har biringiz o‘z uyingizga qayting! Ey Dovud, endi o‘z ko‘mochingga o‘zing kul tortaver!” Shunday qilib, Isroil xalqi uylariga tarqalib ketdi. Faqat Yahudo shaharlarida yashaydigan Isroil xalqi ustidangina Raxabom hukmronlik qiladigan bo‘lib qoldi. Shoh Raxabom qarollar boshlig‘i Hadoramni Isroil xalqi oldiga yuborgan edi, Isroil xalqi uni toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Bu xabarni shoh Raxabom eshitdi–yu, shosha–pisha jang aravasiga minib Quddusga qochdi. Isroil xalqi o‘sha kundan boshlab Dovud xonadonidan yuz o‘girdi. Raxabom Quddusga kelib, Yahudo va Benyamin qabilalaridan 180.000 odamni sipohlikka tanlab oldi. “Shohlikni qaytarib olaman”, degan maqsadda ularni Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun tayyorladi. Lekin o‘shanda payg‘ambar Shamayoga Egamizning quyidagi so‘zlari ayon bo‘ldi: — Sulaymonning o‘g‘li, Yahudo shohi Raxabomga hamda Yahudo va Benyamin hududlarida istiqomat qilayotgan butun Isroil xalqiga shu gaplarni yetkaz: “ Egamiz shunday deb aytmoqda: — Qarindoshlaringizga qarshi urush boshlamanglar! Har kim o‘z uyiga qaytsin! Chunki bu ishlar hammasi Mendan bo‘ldi.” Ular Egamizning aytganini qilib, Yeribomga qarshi urush qilmadilar. Raxabom Quddusda yashadi, u mudofaa uchun Yahudodagi quyidagi shaharlarni mustahkamladi: Baytlahm, Etom, Taxuva, Bayt–Zur, So‘xo‘, Adullam, Gat, Morisho, Zif, Odorayim, Laxish, Ozikah, Zorox, Oyjavlon va Xevron. Bu shaharlar Yahudo va Benyamin hududlaridagi mustahkam shaharlar bo‘ldi. Raxabom qal’alarni mustahkamladi. U yerga qo‘mondonlar tayin qilib, oziq–ovqat, zaytun moyi va sharob g‘amladi. Har bir shaharni qalqon va nayzalar bilan ta’minlab, mudofaani g‘oyat kuchaytirdi. Shu tariqa u Yahudo va Benyamin qabilalarini qo‘li ostida saqladi. Isroilning barcha hududlaridagi ruhoniylar va levilar Raxabomning tarafdorlari edilar. Levilar hatto o‘z yaylovlarini va mulklarini tashlab, Yahudo va Quddusga kelgan edilar. Chunki Isroil shohi Yeribom va uning o‘g‘illari levilarga Egamizning ruhoniylari sifatida xizmat qilishga yo‘l qo‘ymagan edilar. Yeribom begona xudolarga atalgan sajdagohlarda xizmat qilish uchun o‘z ruhoniylarini tayinladi. Ular Yeribom yasattirgan oltin buzoqlarga va echki jinlariga topinar edilar. Isroilning hamma qabilalaridan Egamiz Xudoga chin yurakdan intilganlar esa ota–bobolarining Xudosi — Egamizga qurbonlik qilish uchun levilar va ruhoniylarga ergashib, Quddusga keldilar. Buning natijasida Yahudo shohligi mustahkam bo‘ldi. Ular Dovud bilan Sulaymonga qanday xizmat qilgan bo‘lsalar, Raxabomga ham uch yil davomida sadoqat bilan xizmat qildilar. Raxabom Dovud o‘g‘li Yarimo‘tning qizi Maxalatga uylandi. Maxalatning onasi Abuhayil, Essay o‘g‘li Eliyobning qizi edi. Raxabom Maxalatdan Yoush, Shamariyo va Zaham degan o‘g‘illar ko‘rdi. Keyinchalik u Absalomning qizi Maxoni o‘ziga xotin qilib oldi. Maxodan Abiyo, Attay, Zizo va Shalumit degan o‘g‘illar ko‘rdi. Raxabom boshqa xotinlari va cho‘rilariga qaraganda, Absalomning qizi Maxoni yaxshi ko‘rardi. Raxabomning o‘n sakkizta xotini va oltmishta cho‘risi bo‘lib, u bulardan yigirma sakkiz o‘g‘il va oltmish qiz ko‘rdi. Maxodan tug‘ilgan o‘g‘li Abiyoni taxt vorisi qilish niyatida, hamma aka–ukalari orasida bosh shahzoda qilib tayinladi. Raxabom donolarcha ish tutib, qolgan o‘g‘illariga mas’uliyatni taqsimlab berdi, ularni Yahudo va Benyamin hududidagi mustahkam shaharlarga o‘rnashtirdi. Ularga hamma narsani mo‘l qilib yetkazdi, ularni ko‘p xotinlarga uylantirdi. Raxabom o‘z hukmronligini mustahkamlab, kuchayib ketgach, u bilan birga butun Isroil xalqi Egamizning qonunlaridan yuz o‘girdi. Ular Egamizga qilgan bevafoligi uchun, Raxabom shohligining beshinchi yilida Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi. Shishax o‘zi bilan 1200 jang aravani, 60.000 otliq lashkarni, shuningdek, Misrdan Liviyalik, Suxo‘tlik va Habashistonlik son–sanoqsiz qo‘shinni tortib keldi. Shishax Yahudoning mustahkam shaharlarini qo‘lga kiritib, Quddusgacha yetib bordi. Shunda payg‘ambar Shamayo Raxabomning va Yahudo lashkarboshilarining oldiga keldi. Ular o‘sha paytda Shishaxdan qochib, Quddusga to‘planishgan edi. Payg‘ambar Shamayo ularga dedi: — Egamiz shunday demoqda: “Sizlar Meni tark etdingiz, shuning uchun Men ham sizlarni tark etib, Shishaxning qo‘liga beraman.” Shunda lashkarboshilar bilan shoh o‘zlarining ayblarini tan olib: “Egamiz adolatlidir”, dedilar. Ular ayblarini tan olganlarini Egamiz ko‘rgach, Shamayoga shu so‘zlarini ayon qildi: “Ular gunohlariga iqror bo‘ldilar, shuning uchun ularni qirib tashlamayman. Shishax hujum qilganda, ularni qisman xalos etaman. Shishaxning qo‘li orqali Quddusga g‘azabimni sochmayman. Biroq ularni Shishaxga qaram qilib qo‘yaman, shunda ular Menga xizmat qilish bilan boshqa yurtlarning shohlariga xizmat qilish orasidagi farqni bilib oladilar.” Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi. U Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalarni tortib oldi, qo‘liga nima ilinsa, hammasini oldi. Sulaymon yasattirgan hamma oltin qalqonlarni ham oldi. Shoh Raxabom oltin qalqonlar o‘rniga bronza qalqonlar yasatdi va ularni shoh saroyi darvozasini qo‘riqlaydigan soqchilar boshliqlari qo‘liga berdi. Shoh Egamizning uyiga kirganda, soqchilar qalqonlarni ko‘tarib borishar, keyin esa qalqonlarni joyiga eltib qo‘yishardi. Raxabom ayblarini tan olgani uchun, Egamiz g‘azabidan tushib, Yahudo xalqini tamomila qirib yubormadi. Yahudodagi ahvol yaxshilandi. Shoh Raxabom Quddusda hukmronlik qilib, kuchayib boraverdi. U taxtga o‘tirgan paytda qirq bir yoshda edi. Uning onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabom Quddusda o‘n yetti yil shohlik qildi. Egamiz hamma Isroil qabilalarining shaharlari orasidan Quddus shahrini O‘ziga sajda qilishlari uchun tanlab olgan edi. Raxabom chin yurakdan Egamizga intilmagani uchun, qabihlik qilaverdi. Raxabomning butun faoliyati boshdan oxirgacha payg‘ambar Shamayo va valiy Yiddo yozgan nasabnomada bayon etilgan. Raxabom bilan Yeribom butun umri davomida urishib keldilar. Nihoyat, Raxabom ham olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Abiyo shoh bo‘ldi. Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga o‘n sakkiz yil bo‘lganda, Abiyo Yahudoga shoh bo‘ldi. U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Mixiyo bo‘lib, Givolik Uriyolning qizi edi. Abiyo bilan Yeribom o‘rtasida urush bo‘ldi. Abiyo saralangan odamlardan tashkil topgan 400.000 botir jangchisini urushga boshladi. Yeribom esa Abiyoga qarshi 800.000 saralangan bahodir jangchini saf torttirdi. Abiyo Efrayim qirlaridagi Zamorayim tog‘i yonbag‘riga chiqib, gapirdi: “Ey Yeribom va butun Isroil xalqi, gapimni eshiting! Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shoh Dovud bilan qat’iy ahd tuzib, Isroil ustidan hukmronlik qilishni to abad unga va uning nasliga topshirgan. Nahotki buni bilmasangiz?! Shunday bo‘lsa–da, Nabat o‘g‘li Yeribom Dovud o‘g‘li Sulaymonning xizmatida bo‘la turib, o‘z xo‘jayiniga qarshi bosh ko‘tardi. Atrofiga bir guruh allaqanday yaramas odamlarni to‘plab, Sulaymon o‘g‘li Raxabomga qarshi fitna uyushtirdi. Raxabom o‘sha paytda yosh, tajribasiz bo‘lgani uchun ularga qarshilik ko‘rsata olmadi. Endi esa sizlar Dovud nasli qo‘lidagi Egamizning shohligiga qarshi urush qilmoqchisizlar. Ha, sizlar ko‘pchiliksiz. Yeribom xudolar sifatida yasattirib bergan oltin buzoqlar ham yoningizda. Sizlar Horunning naslidan bo‘lgan Egamizning ruhoniylarini va levilarni quvib yubordingizlar. Begona xalqlardan o‘rnak olib, oddiy odamlarni ruhoniy qilib tayinladingizlar. Qoyil–e! Yosh buqasi yoki yettita qo‘chqori bo‘lgan har kim soxta xudolaringizga ruhoniylik qila oladi–ya! Lekin bizning Xudo Egamizdir, biz undan yuz o‘girmadik. Egamizga xizmat qilayotgan ruhoniylarimiz Horun naslidandir. Levilar ularga xizmatda yordam berishyapti. Ular har kuni ertalab va kechqurun Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar atashadi, xushbo‘y tutatqilar tutatishadi, toza oltindan qilingan xontaxtaga muqaddas nonlar qo‘yishadi, har oqshom oltin chiroqpoyadagi moychiroqlarni yoqishadi. Ha, biz Egamiz Xudoning talablarini bajaramiz, sizlar esa Uni tark etdingizlar. Xudo biz bilan birgadir, U bizning yo‘lboshchimizdir. Uning ruhoniylari karnaylar chalib, sizlarga qarshi jangga da’vat qiladi. Ey Isroil xalqi! Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga qarshi jang qilmang, siz baribir muvaffaqiyatga erishmaysiz!” Shu orada Yeribom bildirmay sipohlarining bir qismini Yahudo lashkarlarining orqa tomoniga pistirma qo‘yish uchun jo‘natdi. Sipohlarining asosiy qismi esa Yahudo lashkarlarining old tomonida saf tortgan edi. Yahudo lashkarlari qarasalar, qurshovda qolishibdi. Ular Egamizdan yordam so‘rab yolvorishdi, ruhoniylar karnaylarini chalishdi. Yahudo lashkarlari ovozi boricha hayqirdilar. Ularning jangovar hayqirig‘i ostida Xudo Yeribomni hamda butun Isroil lashkarlarini Abiyo va Yahudo xalqi oldida mag‘lub qildi. Isroil lashkarlari Yahudo lashkarlari oldiga tushib qochdilar. Xudo Isroil lashkarlarini Yahudo lashkarlarining qo‘liga berdi. Abiyo va uning lashkarlari ularga og‘ir talafot yetkazdilar. Isroil lashkarlarining 500.000 ta saralangan sipohi qurbon bo‘ldi. Yahudo lashkarlari ota–bobolarining Xudosi — Egamizga tayanganlari uchun, jangda Isroil lashkarlarini mag‘lub qilib, g‘alabaga erishgan edilar. Abiyo Yeribomni ta’qib qilib, Baytil, Yashono va Efro‘n shaharlarini hamda o‘sha shaharlar atrofidagi qishloqlarni qo‘lga kiritdi. Yeribom Abiyo davrida oldingi qudratini tiklay olmadi. Egamiz shoh Yeribomning jonini olib, uni halok qildi. Abiyo esa kuchayib boraverdi. U o‘n to‘rtta xotinga uylanib, ulardan yigirma ikkita o‘g‘il va o‘n oltita qiz ko‘rdi. Abiyoning boshqa ishlari, uning faoliyati va tutgan yo‘llari payg‘ambar Yiddoning tarixida bayon etilgan. Abiyo olamdan o‘tdi. Uni Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qildilar, uning o‘rniga o‘g‘li Oso shoh bo‘ldi. Uning hukmronligi davrida yurtda o‘n yil tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi. Oso Egasi Xudoning oldida yaxshi va to‘g‘ri ishlar qildi. U begona xudolarga atalgan qurbongohlarni va sajdagohlarni yo‘qotdi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning ustunlarini kesdi. Oso Yahudo xalqiga: “Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga yuz buring, Uning qonun va amrlariga rioya qiling”, deb farmon berdi. U Yahudoning hamma shaharlaridan sajdagohlarni va tutatqi qurbongohlarini yo‘qotdi. Uning hukmronligi davrida shohlikda tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi. Yurtda tinchlik hukmron bo‘lgan paytda, Oso Yahudodagi shaharlarni mustahkamladi. Egamiz unga osoyishtalik ato qilgani uchun, o‘sha yillari urush bo‘lmadi. U Yahudo xalqiga aytdi: “Kelinglar, shaharlarni devorlar bilan o‘raylik, minoralar quraylik, tambalanadigan darvozalar o‘rnatib, shaharlarni mustahkamlaylik. Biz Egamiz Xudoga itoat qilganimiz uchun, bu yurt hali ham bizniki. Xudo bizga har tarafdan osoyishtalik ato qilgan.” Shunday qilib, ular qurilish qildilar, huzur–halovatga yetishdilar. Osoning Yahudo qabilasidan 300.000 sipohi bo‘lib, ular qalqon va nayzalar bilan qurollangan edilar. Benyamin qabilasidan esa 280.000 sipohi bo‘lib, ular qalqon va yoylar bilan qurollangan edilar. Ularning hammasi bahodir jangchilar edi. Habashistonlik Zerax behisob lashkari va 300 jang aravasi bilan Yahudo yurtiga hujum qilib, Morisho shahrigacha bostirib bordi. Oso unga qarshi yo‘lga otlandi. Ikkala tomon Morisho yaqinidagi Zafito vodiysida saf tortishdi. Oso o‘zining Egasi Xudoga iltijo qildi: “Ey Egamiz! Yolg‘iz Sengina zaifga kuchli raqibini mag‘lub qilishga yordam bera olasan. Ey Egamiz Xudo! Bizga yordam ber! Biz Senga tayanamiz. Sening noming bilan bu behisob lashkarga qarshi jangga otlandik. Ey Egamiz! Sen bizning Xudoyimizsan. Inson zoti Seni mag‘lub qilishiga yo‘l qo‘yma!” Oso va Yahudo lashkari hujumni boshlagach, Egamiz Habashistonliklarni mag‘lub qildi. Habashistonliklar qocha boshladilar. Oso bilan lashkarlari ularni Garorgacha quvib bordilar. Habashistonliklarning birortasi ham qochib qutula olmadi. Ularning hammasi Egamizning va Uning lashkari oldida qirilib ketdi. Yahudo lashkari ko‘p miqdorda o‘lja olib qaytdi. Garor atrofidagi shaharlarda yashaydigan xalq yuz bergan voqeani eshitib, Egamizdan qo‘rqib qolgan edi. Shu sababdan Yahudo lashkarlari o‘sha shaharlarning hammasini mag‘lub qilib, talon–taroj qildilar, u yerdan mo‘l o‘lja olib ketdilar. Ular cho‘ponlarning chodirlariga ham hujum qilib, ko‘p miqdorda qo‘y, echki, tuyalarni oldilar. So‘ngra Quddusga qaytib ketdilar. Odod o‘g‘li Ozariyoni Xudoning Ruhi qamrab oldi. Ozariyo Osoning huzuriga borib dedi: “Ey shoh Oso! ey Yahudo va Benyamin xalqi! Gapimga quloq solinglar. Sizlar Egamiz bilan bo‘lar ekansiz, U ham sizlar bilan birga bo‘ladi. Agar sizlar Egamizni izlasangizlar, Uni topasizlar. Agar Uni tark etsangizlar, U ham sizlarni tark etadi. Isroil xalqi uzoq vaqt davomida haqiqiy Xudosiz yashadi. Ularga ta’lim beradigan ruhoniy yo‘q edi, qonundan mahrum edilar. Lekin boshlariga og‘ir kulfat tushganda, ular Isroil xalqining Xudosi — Egamizga qaytdilar, Uni izladilar, shunda topdilar. O‘sha notinch davrda yo‘lga chiqish xatarli edi, chunki hamma joyda behalovatlik va tartibsizlik hukmron edi. Bir xalq ikkinchisini yakson qilardi, bir shahar boshqasini vayron etar edi, chunki Egamiz ularni iztirobga solib, behalovat qilib qo‘ygan edi. Lekin sizlar dadil bo‘linglar! Tushkunlikka tushmanglar! Sizlar qilgan ishlaringiz uchun mukofot olasizlar.” Oso Odod o‘g‘li Ozariyoning aytgan bashoratini eshitgach, dadillandi. U Yahudo va Benyamin yerlaridan, shuningdek, Efrayim qirlarida qo‘lga kiritgan shaharlardan makruh butlarni yo‘q qildi. Ma’bad hovlisidagi Egamizning qurbongohini tuzatdi. U Yahudo va Benyamin xalqini, shuningdek, oralarida istiqomat qilayotgan Efrayim, Manashe va Shimo‘n qabilasidan bo‘lgan musofirlarni to‘pladi. Ularning ko‘pchiligi Oso hukmronligi davrida Yahudoga ko‘chib kelgan edilar, chunki Egasi Xudo Oso bilan birga bo‘lganini ko‘rgan edilar. Ular Oso hukmronligining o‘n beshinchi yili uchinchi oyida Quddusda to‘plandilar. O‘sha kuni o‘zlari olib kelgan o‘ljalardan yetti yuzta buqa va yetti mingta qo‘yni Egamizga qurbonlik qildilar. So‘ng ota–bobolarining Xudosi — Egamizga butun qalbi bilan, jonu dili bilan intilishga ahd qildilar. Kimki Isroil xalqining Xudosi — Egamizga intilmasa, xoh yosh bo‘lsin, xoh qari, xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol, o‘ldiriladigan bo‘ldi. Ular baland ovozda Egamizga qasamyod qildilar, hayqirdilar, karnay va burg‘ular chaldilar. Jamiki Yahudo xalqi chin dildan qasamyod qilgani uchun xursand edi. Ular Egamizni astoydil izlaganlari uchun, Uni topdilar. Egamiz ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi. Shoh Osoning buvisi Maxo Asheraning makruh tasvirini yasagani uchun, Oso buvisini malikalik unvonidan mahrum qildi. So‘ng buvisi yasagan tasvirni qo‘porib tashlab, parcha–parcha qilgandan keyin, Qidron soyligida yoqib yubordi. Oso Isroildagi sajdagohlarni yo‘q qilmagan bo‘lsa ham, umr bo‘yi Egamizga sodiq qoldi. U Egamizning uyiga otasi Abiyo Xudoga atagan ashyolarni, shuningdek, o‘zi atab qo‘ygan oltin va kumush ashyolarni olib keldi. Oso shohligining o‘ttiz beshinchi yiliga qadar urush bo‘lmadi. Oso hukmronligining o‘ttiz oltinchi yilida Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qildi. Odamlar Yahudo yurtiga osonlikcha kirib chiqa olmasligi uchun, u Rama shahrini mustahkamladi. Oso Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalardan kumush va oltinlarni olib, Damashqda o‘tirgan Oram shohi Banhadadga jo‘natdi. Oso unga shu xabarni ham yubordi: “Sening otang bilan mening otam o‘rtasida ittifoq bo‘lgani kabi, sen bilan mening o‘rtamda ham ittifoq bo‘lsin. Senga kumush va oltin berib yuboryapman. Isroil shohi Basho bilan ittifoq tuzgan eding, endi o‘shani bekor qil, toki u yurtimdan jo‘nab qolsin.” Banhadad shoh Osoning taklifini qabul qildi, lashkarboshilariga: “Isroil shaharlariga hujum qilinglar”, deb ularni o‘sha yoqqa yubordi. Ular Iyxon, Dan, Ovil–Mayim shaharlarini va Naftali hududidagi barcha ombor shaharlarni bosib oldilar. Basho bu voqeani eshitgach, Ramani mustahkamlash fikridan voz kechib, ishni to‘xtatib qo‘ydi. Shoh Oso jamiki Yahudo xalqini chaqirtirib, ularga Rama shahrini mustahkamlashda Basho ishlatgan tosh va yog‘ochlarni tashittirdi. Oso o‘sha tosh va yog‘ochlar bilan G‘ibo hamda Mispax shaharlarini mustahkamladi. Shu vaqtda valiy Xonin Yahudo shohi Osoning huzuriga kelib, unga aytdi: “Sen Egang Xudoga suyanmasdan, Oram shohiga suyanding. Shuning uchun Oram shohining lashkarlarini qo‘ldan boy berding. Nahotki Habashistonliklar bilan Liviyaliklar esingda bo‘lmasa?! Ular son–sanoqsiz lashkari, ko‘plab jang aravalari va otliq sipohlari bilan kelgan edi–ku. O‘shanda Sen Egamizga suyanganing uchun, Egamiz ularni sening qo‘lingga bergan edi. Egamiz yer yuzidagi hammani kuzatib turadi, Unga sodiq bo‘lganlarga U kuch–qudrat beradi. Sen aqlsizlarcha ish tutding. Bundan buyon sening boshing urushdan chiqmaydi.” Oso valiyning bu gaplaridan g‘azablandi. U g‘azab ustida valiyni zindonga tashladi. Xalqdan ba’zilarini ham shafqatsizlarcha eza boshladi. Osoning butun faoliyati, boshidan oxirigacha “Yahudo va Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Hukmronligining o‘ttiz to‘qqizinchi yilida Osoning oyoqlari og‘riydigan bo‘lib qoldi. Uning ahvoli juda og‘ir bo‘lishiga qaramay, u kasallik paytida ham Egamizga yuzini burmadi, faqat tabiblardan yordam so‘radi. Nihoyat, Oso hukmronligining qirq birinchi yilida olamdan o‘tdi. Uni attorlar tayyorlagan turli–tuman ziravorlar bilan to‘la tobutga yotqizdilar. U Dovudning qal’asida, o‘zi uchun qoyadan o‘ydirgan qabrga dafn qilindi. Uning sharafiga katta gulxan yoqdilar. Yohushafat otasi Oso o‘rniga shoh bo‘ldi, u Isroilga qarshi mudofaasini kuchaytirdi. U Yahudodagi hamma mustahkam shaharlarga lashkarlarni joylashtirdi. Yahudo yerlarida hamda otasi Oso qo‘lga kiritgan Efrayim shaharlarida ko‘plab qo‘nolg‘alar o‘rnashtirdi. Yohushafat bobosi Dovudning yo‘lidan yurgani uchun Egamiz u bilan birga bo‘ldi. Yohushafat Baalga sig‘inmay, otasining Xudosiga intildi, Isroil shohlari yo‘llaridan yurmasdan, Xudoning amrlariga itoat etdi. Shuning uchun Egamiz uning hokimiyatini mustahkam qildi. Butun Yahudo xalqi Yohushafatga o‘lpon to‘lardi, u katta boylik va shuhrat topdi. Egamizga itoat qilishdan u zavq olar edi. Shu bois, u Yahudodagi sajdagohlarni yo‘qotdi, Asheraga atalgan ustunlarni chopib tashladi. Hukmronligining uchinchi yilida xalqqa ta’lim berish uchun o‘z a’yonlari Banxayilni, Obodiyoni, Zakariyoni, Natanilni va Mixiyoni Yahudo shaharlariga jo‘natdi. Levilardan Shamayo, Nataniyo, Zabadiyo, Osoyil, Shamiromo‘t, Yo‘natan, Odoniyo, To‘viyoxu va To‘doniyo hamda ruhoniylar Elishama va Yohuram ularga hamroh bo‘ldilar. Ular Egamizning Tavrot kitobini olib, Yahudoning hamma shaharlariga borishdi va xalqqa ta’lim berishdi. Yahudo atroflaridagi xalqlarga Egamiz qo‘rquv soldi, shuning uchun o‘sha xalqlar Yohushafatga qarshi urush qilmadilar. Ba’zi Filistlar Yohushafatga katta miqdorda kumushni o‘lpon qilib olib keldilar. Arablar ham 7.700 ta qo‘chqor va 7.700 ta taka olib keldilar. Yohushafat tobora kuchayib boraverdi. U Yahudoda qal’alar va ombor shaharlar qurdirdi. U yerga ko‘p miqdorda oziq–ovqat to‘pladi. Quddusga tajribali bahodir jangchilarni joylashtirdi. Bu jangchilar xonadonlariga ko‘ra, safarbar qilingan edilar: Yahudo qabilasining sipohlariga lashkarboshi Adnah edi. Uning qo‘li ostida 300.000 bahodir jangchi bo‘lib, ular 1.000 jangchidan tashkil topgan bo‘linmalarga bo‘lingan edilar. Ikkinchi lashkarboshi Yohuxanon edi, uning qo‘li ostida 280.000 sipohi bor edi. Uchinchi lashkarboshi Zixri o‘g‘li Amasiyo edi, uning qo‘li ostida 200.000 sipohi bor edi. Amasiyo o‘z xohishi bilan Egamizga xizmat qilayotgan edi. Benyamin qabilasining sipohlariga lashkarboshi Elyodax edi. U bahodir jangchi bo‘lib, qo‘li ostida yoy va qalqon bilan qurollangan 200.000 sipohi bor edi. Elyodaxning o‘ng qo‘l yordamchisi Yohuzabad edi, uning qo‘li ostida qurollangan 180.000 sipohi bor edi. Bu jangchilar shohga Quddusda xizmat qilar edilar. Bulardan tashqari, shoh mustahkam shaharlarga boshqa lashkarlarni ham joylashtirgan edi. Yohushafat nihoyatda boy bo‘lib, obro‘si oshib ketdi. U o‘g‘liga Isroil shohi Axabning qizini olib berib, Axab bilan aloqasini mustahkamladi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Yohushafat Axabni ko‘rgani Samariya shahriga bordi. Axab Yohushafat va uning hamrohlari sharafiga ko‘plab mol–qo‘y so‘ydi. U Yohushafatni Giladdagi Ramo‘t shahriga hujum qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib, — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa men bilan borasanmi? — deb so‘radi. — Meni go‘yo o‘zing deb bil, xalqimni o‘zingning xalqing deb bil. Biz sen bilan birga urushga boramiz, — dedi Yahudo shohi Yohushafat unga. Yohushafat Isroil shohiga yana aytdi: — Avval Egamizning xohish–irodasini bil–chi, U nima der ekan. Isroil shohi to‘rt yuz payg‘ambarni to‘plab ulardan so‘radi: — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa boraymi yoki bormaymi? — Boraversinlar, Xudo u shaharni shoh hazratlarining qo‘liga beradi. — Bu yerda ulardan boshqa Egamizning birorta payg‘ambari qolmadimi? Agar bo‘lsa, undan ham so‘rab ko‘raylik, — dedi Yohushafat. — Yana bir kishi bor, — dedi Axab Yohushafatga, — Yimloning o‘g‘li Mixiyo. U orqali Egamizning xohish–irodasini bilsak bo‘ladi. Lekin men uni yomon ko‘raman, chunki u men haqimda bashorat qilsa, xayrli gap aytmaydi, har doim xunuk gap aytadi. — Ey shoh, bunday deb aytma, — dedi Yohushafat. Isroil shohi mulozimini chaqirib: — Tez borib, Yimloning o‘g‘li Mixiyoni olib kel, — deb buyurdi. Isroil shohi Axab va Yahudo shohi Yohushafat shohlik liboslarini kiyib, har qaysisi o‘z taxtida Samariya darvozasi yonida o‘tirar, hamma payg‘ambarlar esa ularning ro‘parasida turib bashorat qilayotgan edi. Xanano o‘g‘li Zidqiyo temir shoxlar yasab, dedi: — Egamiz: “Oram lashkarini qirib bitirmaguningcha, shu shoxlar bilan suzaverasan”, deb aytmoqda. Boshqa payg‘ambarlar ham shohga: — Ramo‘tga boraversinlar, albatta g‘alaba qiladilar, Egamiz o‘sha shaharni shohimizning qo‘llariga beradi, — deb bashorat qildilar. Mulozim Mixiyoni chaqirish uchun ketdi. U Mixiyoning oldiga kelib, unga dedi: — Qara, hozir hamma payg‘ambarlar bir og‘izdan shohga yaxshilikdan bashorat qilyaptilar. Sening bashorating ham ularnikiday bo‘lsin. Sen ham yaxshilikdan karomat qil. — Xudo haqi! Xudoyim menga nimani ayon qilsa, shuni aytaman, — dedi Mixiyo. Mixiyo shoh huzuriga keldi. — Ey Mixiyo, men Ramo‘tni qaytarib olish uchun jang qilmoqchiman. Shuning uchun Giladga boraymi yoki bormaymi? — deya so‘radi shoh undan. — Boraversinlar, albatta g‘olib keladilar, — dedi Mixiyo. — O‘sha shahar shoh hazratlarining qo‘liga beriladi. — Faqat haqiqatni aytishing uchun, Egamiz nomini o‘rtaga qo‘yib senga necha marta ont ichdirayin? — deb shoh undan yana so‘radi. — Isroil xalqini ko‘rib turibman, ular tog‘lar ustida yoyilib yurgan cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshaydi, — dedi Mixiyo. — Egamiz: “Ularning xo‘jayini yo‘q, har biri o‘z uyiga tinch–omon qaytib ketsin”, dedi. — U men haqimda bashorat qilganda xayrli gap aytmaydi, balki xunuk xabar aytadi, deb senga aytmaganmidim?! — deb xafaligini izhor qildi Axab Yohushafatga. — Unday bo‘lsa, Egamizning so‘zlarini eshitsinlar, — dedi Mixiyo Axabga. — Men Egamizni O‘zining taxtida o‘tirgan holatda ko‘rdim. Jamiki samoviy mavjudotlar Uning o‘ng va chap tomonidan joy olgan ekan. Egamiz ulardan so‘radi: “Isroil shohi Axab Giladdagi Ramo‘t shahriga borib, o‘sha yerda halok bo‘lsin, deya kim uni o‘ziga og‘dira oladi?” Biri unday dedi, boshqasi bunday dedi. Bir payt ruhlardan bittasi Egamizning ro‘parasida paydo bo‘ldi va: “Uni men ko‘ndiraman”, dedi. “Qanday qilib ko‘ndirasan?” so‘radi Egamiz. “Men chiqib, hamma payg‘ambarlarning og‘zida yolg‘onchi ruhga aylanaman”, dedi u. “Sen uni ko‘ndir, bor, aytganingday qil, sen uddasidan chiqasan”, dedi Egamiz. Mana ko‘rdingizmi, Egamiz payg‘ambarlaringizning og‘ziga yolg‘onchi ruh solib qo‘ygan. U boshingizga falokat keltirishga qaror qilgan. Shu payt Xanano o‘g‘li Zidqiyo Mixiyoning oldiga kelib, uning yuziga bir shapaloq urdi: — Nahotki, Egamizning Ruhi meni tark etib, sen bilan gaplashgani ketgan bo‘lsa?! Ayt–chi, u qaysi yo‘ldan ketdi? — so‘radi Zidqiyo. — Qarab tur, sichqonning ini ming tanga bo‘lib, yashiringani ichkari xonaga yugurganingda ko‘rasan, — dedi Mixiyo Zidqiyoga. — Mixiyoni ushlanglar! — buyurdi Isroil shohi. — Uni shahar hokimi Omonning va shaxzoda Yo‘shning huzuriga olib boringlar. Ularga mening amrimni yetkazinglar. Ular Mixiyoni zindonga tashlashsin. Men sog‘–salomat qaytib kelgunimcha, oz–moz non–suv berib tursin, xolos. — Ey xaloyiq! Hammangiz eshitib qo‘ying! Agar shoh hazratlari sog‘–salomat qaytib kelsalar, Egamiz men orqali gapirmagan bo‘ladi, — dedi Mixiyo. Isroil shohi Axab bilan Yahudo shohi Yohushafat Giladdagi Ramo‘t shahriga ketishdi. — Men qiyofamni o‘zgartirib, jangga kiraman, sen esa shohlik liboslaringni kiyib ol, — dedi Axab Yohushafatga. Axab qiyofasini o‘zgartirib, jangga kirdi. Oram shohi jang aravalari qo‘mondoniga: “Kattasi bilan ham, kichigi bilan ham jang qilib o‘tirmanglar, asosiy hujumni Isroil shohining o‘ziga qaratinglar”, deb amr bergan edi. Jang aravalari qo‘mondonlari Yohushafatni ko‘rgach: “Isroil shohi ana shu!” deb o‘ylab unga hujum boshladilar. Yohushafat lashkarini jangga da’vat qilib baqirganda, Egamiz Xudo unga yordam berib, hujumni qaytardi. Aravalarning qo‘mondonlari bildilarki, u Isroil shohi emas ekan. Qo‘mondonlar orqaga qaytdilar. Bir odam bexosdan yoyini tortib qo‘yib yuborgan edi, o‘q to‘ppa–to‘g‘ri Isroil shohiga kelib tegdi. Shohning ustidagi sovuti ulangan joydan o‘q kirib ketgan ekan. Shoh og‘ir jarohatlandi. — Otni orqaga bur, men jarohatlandim, lashkarlar orasidan meni olib chiqib ket! — dedi shoh izvoshchisiga. O‘sha kuni g‘oyatda shiddatli jang bo‘ldi. Shoh Axab esa aravasi ustida suyanib, Oram lashkarlarini kuzatib turdi. Kechga tomon borib shoh qazo qildi. Yahudo shohi Yohushafat Quddusdagi saroyiga sog‘–salomat qaytib keldi. Xonin o‘g‘li valiy Yohu shoh Yohushafat bilan uchrashgani borib, unga dedi: “Qabihlarga yordam berib, Egamizdan nafratlanganlarni yaxshi ko‘rish to‘g‘rimi? Qilgan bu ishing uchun Egamiz sendan g‘azablandi. Shunga qaramay, sen yaxshi ishlar ham qilgansan. Sen Asheraning ustunlarini Yahudo yurtidan yo‘q qilgansan, butun yuraging bilan Xudoga intilishga qat’iy qaror etgansan.” Yohushafat Quddusda yashar edi. Biroq u tez–tez xalq orasiga chiqib, janubdagi Bershevadan tortib, to shimoldagi Efrayim qirlarigacha borar edi. Butun xalqni ota–bobolarining Xudosi — Egamizga yuz burishga da’vat etardi. U Yahudodagi mustahkam shaharlarning har biriga hakamlar tayinlab, ularga shunday ko‘rsatma berdi: “Hukm qilishda ehtiyot bo‘linglar, chunki sizlar inson nomidan emas, balki Egamiz nomidan hukm qilasiz. Hukm qilayotganingizda U sizlar bilan birga bo‘ladi. Egamizdan qo‘rqing. Hukm chiqarganingizda ehtiyot bo‘ling, chunki Egamiz Xudo nohaqlikka, tarafkashligu poraga toqat qilmaydi.” Egamizning qonuni bilan bog‘liq bo‘lgan hukmlarni chiqarish va odamlar orasidagi munozaralarni yechish uchun Yohushafat Quddusda ba’zi levilarni, ruhoniylarni va Isroil urug‘boshilarni tayinladi. Ular Quddusda yashardilar. Yohushafat ularga shunday deb uqtirdi: “O‘z vazifangizni Egamizdan qo‘rqqan holda, sidqidildan, odilona bajaring. Boshqa shaharda istiqomat qiladigan birodarlaringiz oldingizga qotillik yoki qonun, amr, farmon, qoidalar bilan bog‘liq bo‘lgan da’volar bilan kelsa, ularni ogohlantiring, toki ular Egamizga qarshi gunoh qilib qo‘ymasinlar, o‘zlarining va sizning boshingizga Egamizning qahrini keltirmasinlar. Shunday qilsangiz, aybdan holi bo‘lasizlar. Sizlar Xudoning ishlari yuzasidan hamma hisobotni oliy ruhoniy Emoriyoga, shohning ishlari yuzasidan bo‘lgan hisobotni esa Yahudo qabilasining boshlig‘i Ismoil o‘g‘li Zabadiyoga berasizlar. Sud qarorlari amalga oshishini levilar nazorat qilib turadilar. Dadil bo‘linglar, to‘g‘ri ish qilganga Egam yor bo‘lsin!” Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Mo‘abliklar bilan Ommonliklar hamda Mavun xalqining bir qismi Yohushafatga qarshi urushgani otlandilar. Xabarchilar kelib, Yohushafatga: “Son–sanoqsiz lashkar Edomdan, O‘lik dengizning narigi qirg‘og‘idan sizga qarshi kelmoqda. Ular Xazazon–Tamarni qo‘lga kiritib bo‘lishgan”, deb aytdilar. (Xazazon–Tamarning boshqa nomi Engedi edi.) Yohushafat qo‘rqib ketdi. U Egamizning xohish–irodasini bilmoqchi bo‘lib, butun Yahudo bo‘ylab ro‘za e’lon qildi. Yahudoning hamma shaharlaridan xalq Quddusga yig‘ilib, Egamizdan madad tiladi. Yohushafat Yahudo va Quddus jamoasi qarshisida — Egamizning uyi oldidagi yangi hovlida turib, iltijo qildi: “Ey ota–bobolarimizning Xudosi — Egamiz! Samodagi yagona Xudo Sensan. Sen yer yuzidagi barcha xalqlarga hukmronlik qilasan. Kuch–qudrat egasi O‘zingsan. Kim Senga bas kela olar?! Ey Xudoyimiz! Xalqing Isroil bu yurtga kelganda, Sen ularning oldidan mahalliy xalqni haydab yubording, bu yurtni do‘sting Ibrohimning nasliga to abad berding. Ota–bobolarimiz bu yerda yashab, Senga atab bir Ma’bad barpo qildilar. Ular shunday degan edilar: — Boshimizga urush, o‘lat va ocharchilik kabi kulfatlar tushganda biz shu uying oldiga, Sening huzuringga kelamiz. Zero, Sen shu yerdasan. Kulfat ichra Senga yolvoramiz, shunda Sen iltijolarimizni eshitib, bizga najot berasan. Mana qara, Ommon, Mo‘ab va Edom yurtining xalqlari bizga hujum qilyaptilar. Bizning ota–bobolarimiz Misrdan chiqqanlarida, Sen ularga bu yurtlarga kirishga ijozat bermagan eding. Ular o‘sha yurtlarni aylanib o‘tib, u xalqlarni qirib yubormagan edilar. Endi esa bu xalqlarning bizga qaytargan mukofotini ko‘rib qo‘y! Sen bizga mulk qilib bergan yurtdan ular bizni haydab yubormoqchilar. Ey Xudoyimiz! Sen O‘zing ularni jazola, chunki bizga hujum qilgan bu ulkan lashkarga biz qarshilik qilishga ojizmiz. Nima qilishni biz bilmaymiz, Sendan keladigan yordamga ko‘z tutib o‘tiribmiz.” Shu paytda jamiki Yahudo erkaklari xotin, bola–chaqalari bilan Egamizning oldida — Ma’badda turgan edilar. Shu on Egamizning Ruhi jamoa orasida turgan levi Zakariyo o‘g‘li Yaxaziyolni qamrab oldi. Yaxaziyol Osif urug‘idan bo‘lib, Binayoning nevarasi, Yaviyolning evarasi va Mattaniyoning chevarasi edi. Yaxaziyol dedi: “Eshitinglar, ey Yohushafat hazratlari, butun Yahudo va Quddus ahli! Egamiz sizlarga shunday deb aytmoqda: bu son–sanoqsiz lashkardan qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar! Bu jang sizniki emas, Xudonikidir. Ertaga ularga hujum qilinglar. Ular Ziz dovonidan oshib tushadilar. Sizlar ularni Yarubol adirlarining etagidagi soylik boshida topasizlar. Bu urushda sizlar jang qilmaysizlar. Sizlar joyingizni egallab, kutinglar. Egamiz sizlarni g‘alabaga erishtirganini ko‘rasizlar. Ey Yahudo va Quddus ahli! Qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar. Ertaga ularga hujum qilinglar, Egamiz sizlar bilan birga bo‘ladi.” Shundan keyin Yohushafat yer o‘pib ta’zim qildi. Butun Yahudo va Quddus ahli ham ta’zim qilib, Egamizga sajda qildi. Qohot va Ko‘rax nasllaridan bo‘lgan levilar tik turib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga baland ovoz bilan hamdu sano o‘qidilar. Yahudo lashkarlari tong saharda turib, Taxuva adirlariga yo‘l oldilar. Ular yo‘lga chiqqanlarida, Yohushafat turib dedi: “Eshiting, ey Yahudo va Quddus ahli! Egangiz Xudoga ishoning, shunda bexatar bo‘lasiz! Egamizning payg‘ambarlari aytgan gaplariga ishoning, shunda muvaffaqiyatga erishasiz!” Yohushafat xalq bilan maslahatlashib bo‘lgandan keyin, Egamiz sha’niga qo‘shiq aytadigan, muqaddasligining go‘zalligiga hamdu sano o‘qiydigan qo‘shiqchilarni tayinladi. Ular lashkar oldida: “Egamizga shukronalar ayting, Uning sodiq sevgisi abadiydir”, deb qo‘shiq aytishlari kerak edi. Ular ko‘shiq va hamdu sano aytishni boshlashlari bilanoq, Yahudoga qarshi kelgan Ommon, Mo‘ab va Edom xalqlariga Egamiz g‘oyibdan hujum qildi, ularni tor–mor etdi. Ommon va Mo‘ab xalqlari Edom xalqiga hujum qilib, ularni bitta qoldirmay qirib tashlashdi. Ularni yo‘q qilganlaridan keyin esa bir–birlarini qirishdi. Yahudo xalqi adirlarning butun manzarasini ko‘rsa bo‘ladigan balandlikka yetib kelganlarida, g‘animlar tomonga qarab, faqat yerda cho‘zilib yotgan murdalarni ko‘rdilar. Birontasi ham qochib qutulmagan edi. Yohushafat o‘lja olish uchun lashkarini boshlab borganda, ular ko‘p miqdorda uy hayvonlarini, mol–holni, kiyim–kechaklarni va qimmatbaho buyumlarni topdilar. Ko‘tara olgunlaricha narsa olib ketdilar. O‘ljaning ko‘pligidan, ular uch kun narsa tashidilar. To‘rtinchi kuni ular Baraka soyligida yig‘ilishib, Egamizga hamdu sano aytdilar. Shu sababdan bu soylikning nomi bugungi kunda ham Baraka soyligi deb yuritiladi. Keyin butun Yahudo va Quddus xalqi Yohushafat boshchiligida xursandchilik bilan Quddusga qaytdilar, chunki Egamiz ularga dushmanlari ustidan tantana qilishga imkon bergan edi. Ular arfa, lira va karnay chalib, Quddusga — Egamizning uyiga keldilar. Egamiz xalqi Isroilning dushmanlarini mag‘lub qilganini eshitgan barcha xalqlar Xudodan qo‘rqib qolishdi. Yohushafatning shohligi tinchlikdan bahra topdi, Xudo ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi. Shunday qilib, Yohushafat Yahudoda hukmronlik qildi. U taxtga o‘tirgan paytda o‘ttiz besh yoshda bo‘lib, Quddusda yigirma besh yil shohlik qildi. Onasi Ozibax Shilxining qizi edi. Yohushafat otasi Osoning yo‘lidan yurdi, yo‘ldan ozmay, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Ammo sajdagohlarni yo‘q qilib tashlamadi. Xalq hanuz ota–bobolarining Xudosiga chin yurakdan bog‘lanmadi. Yohushafatning boshqa ishlari boshdan oxirigacha Xonin o‘g‘li Yohuning qo‘lyozmalarida bayon etilgan bo‘lib, “Isroil shohlari tarixi” tarkibiga kiritilgan. Keyinchalik Yahudo shohi Yohushafat Isroil shohi Oxaziyo bilan ittifoq tuzdi. Oxaziyo ko‘p qabih ishlar qilgan edi. Ular birgalikda Eyzun–Geberda dengiz savdo kemalarini yasadilar. Shunda Morisholik Do‘davahu o‘g‘li Eliazar Yohushafatga qarshi bashorat qilib: “Sen Oxaziyo bilan ittifoq qilganing uchun, Egamiz bu kemalaringni buzib tashlaydi”, deb ogohlantirdi. Kemalar parchalanib, dengizga chiqishga muvaffaq bo‘lmadilar. Yohushafat olamdan o‘tdi. U ham Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi, uning o‘rniga o‘g‘li Yohuram shoh bo‘ldi. Yohuramning Ozariyo, Yoxiyol, Zakariyo, Ozariyohu, Mikoyil, Shafatiyo degan ukalari bor edi. Bularning hammasi Yahudo shohi Yohushafatning o‘g‘illari edi. Otasi ularga ko‘p miqdorda oltinu kumush va qimmatbaho ashyolar bilan birga Yahudo yurtidagi mustahkam shaharlarni hadya etgan edi. Yohuramni esa to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun taxt vorisi qilgan edi. Yohuram otasining taxtiga o‘tirib, o‘zini mustahkamlab olgandan keyin, ukalarining hammasini va Isroil a’yonlaridan ba’zilarini qilichdan o‘tkazdi. Yohuram Yahudo shohi bo‘lganda, o‘ttiz ikki yoshda edi. U Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi. Xotini Axabning qizi bo‘lgani uchun, Yohuram ham, Axab xonadoni singari, Isroil shohlari yo‘lidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qildi. Shunday bo‘lsa–da, Dovudning xonadonini Egamiz halokatga uchratishni istamadi, chunki U Dovud bilan ahd qilib: “Sening naslingga to abad so‘nmaydigan chiroq beraman”, deb va’da qilgan edi. Yohuram davrida Edom Yahudo shohligiga qarshi isyon qildi. Edom xalqi o‘zlarining mustaqil shohligini qurdilar. Yohuram hamma lashkarboshilari va jang aravalarini Edomga boshlab bordi. Edom lashkari Yohuramni va uning jang aravalari sardorlarini o‘rab oldi, lekin Yohuram tunda hujum qilib, qamalni yorib chiqdi. Shunday qilib, Edom xalqi hozirgacha Yahudo hukmronligidan ozoddir. Yohuram ota–bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgani uchun, Libna shahri ham o‘sha paytda isyon ko‘targan edi. Yohuram Yahudo qirlarida sajdagohlar barpo qildi, Yahudo va Quddus aholisini Xudoga bevafolik qilishga boshladi, ularni haq yo‘ldan ozdirdi. Ilyos payg‘ambar unga quyidagicha maktub yubordi: “Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday demoqda: — Sen otang Yohushafatning yo‘lidan yurmading, Yahudo shohi Osoning izidan ham bormading, balki Isroil shohlarining yo‘lidan yurding. Axab xonadoni Isroilni Xudoga bevafolik qilishga boshlaganday, sen ham Yahudo va Quddus aholisini Xudoga bevafolik qilishga boshlading. Sen hatto o‘z ukalaringni o‘ldirding, ular sendan yaxshiroq edi. Shu sababdan Men, Egangiz, sening xalqing, bolalaring, xotinlaring boshiga va butun mol–mulkingga og‘ir kulfat keltiraman. Sen o‘zing esa og‘ir ichak xastaligiga yo‘liqasan. Ichak–chovoqlaring tashqariga chiqqunga qadar, xastaliging kundan kunga kuchayib boraveradi.” Egamiz Filistlarni va Habashistonning yonida yashayotgan Arablarni Yohuramga qarshi qo‘zg‘atdi. Ular Yahudoga bostirib kelib, shoh saroyidagi hamma boyliklarni, shohning o‘g‘illarini va xotinlarini olib ketdilar. Shohning kenja o‘g‘li Oxaziyodan boshqa o‘g‘li qolmadi. Shundan keyin Egamiz shoh Yohuramni tuzalmas ichak xastaligiga yo‘liqtirdi. Oradan ikki yil o‘tgach, Yohuramning xastaligi zo‘rayib, ichak–chovoqlari tashqariga chiqdi. Yohuram qattiq azob–uqubat bilan vafot etdi. Odamlar Yohuramning ota–bobolari sharafiga gulxan yoqishgan bo‘lsa–da, Yohuramning sharafiga gulxan yoqishmadi. Yohuram taxtga o‘tirgan paytda o‘ttiz ikki yoshda bo‘lib, Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi. Uning o‘limi uchun hech kim qayg‘urmadi. Garchi uni Dovud qal’asiga dafn etgan bo‘lsalar–da, shohlar qabriga dafn qilmadilar. Arablar qilgan bosqinchilik safari davomida Yohuramning kenja o‘g‘li Oxaziyodan boshqa hamma katta o‘g‘illarini qatl qilgan edilar. Shuning uchun Quddus aholisi Oxaziyoni o‘zlariga shoh qilishdi. Oxaziyo taxtga o‘tirganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda bir yil shohlik qildi. Onasining ismi Otaliyo bo‘lib, Isroil shohi Omrining nevarasi edi Oxaziyo ham Axab xonadoni yo‘lidan yurdi, chunki onasi unga qabih ishlar qilishni maslahat berardi. Oxaziyo Axab nasliga o‘xshab, Egamiz oldida qabihliklar qildi. Otasi Yohuramning vafotidan keyin, shoh Axab xonadonining boshqa a’zolari Oxaziyoning maslahatchilari bo‘lib, uni halokatga boshladilar. Oxaziyo ularning maslahatiga kirib, Isroil shohi Axab o‘g‘li Yoram bilan birga Giladdagi Ramo‘tga borib, Oram shohi Xazayilga qarshi urush ochdi. Yoram shu urushda yarador bo‘ldi. Shoh Yoram yarasini davolatish uchun Yizril shahriga qaytib kelgan edi. Yahudo shohi Oxaziyo esa yaralangan Yoramni ko‘rgani Yizrilga bordi. Xudo Oxaziyoning bu tashrifini uning halokati uchun ishlatdi. Oxaziyo Yoramnikiga yetib borgach, Yoram bilan birgalikda Nimshi nevarasi Yohuni kutib olgani chiqdi. Yohuni Egamiz Axab xonadonini qatl qilish uchun tanlagan edi. Yohu Axab xonadoni ustidan chiqarilgan hukmni ijro etayotgan paytida, Oxoziyo bilan birga kelgan Yahudo a’yonlariga va Oxaziyoning jiyanlariga duch keldi. Ularning hammasini bitta qoldirmay qirib yubordi. So‘ng Oxaziyoni qidira boshladi. Yohuning odamlari Samariyada yashirinib yurgan Oxaziyoni qo‘lga oldilar. Uni Yohuning oldiga olib kelib o‘ldirdilar. Ammo keyin dafn qildilar, chunki ular: “E–ha, bu Egamizga chin yurakdan intilgan Yohushafatning nevarasi–ku!” deb aytgan edilar. Oxaziyo xonadonida shohlik qiladigan hech bir kimsa qolmadi. Otaliyo o‘z o‘g‘li shoh Oxaziyoning o‘ldirilganini eshitgach, Yahudoda Oxaziyoning jamiki urug‘ini qirib tashlashga kirishdi. Shohning hamma o‘g‘illarini o‘ldirish rejalashtirilgan edi. Shoh Yohuramning Yohusheva degan qizi bor edi. Yohusheva Oxaziyoning o‘gay singlisi bo‘lib, ruhoniy Yohayidoga turmushga chiqqan edi. Yohusheva Oxaziyoning o‘g‘li Yo‘shni shohning o‘g‘illari orasidan bildirmasdan olib qochdi. Uni, enagasi bilan birga, Egamizning uyidagi yotoqxonaga yashirdi. Bola Otaliyodan yashirinib, tirik qoldi. Otaliyo yurtni boshqargan paytda, bola olti yil davomida Xudoning uyida ular bilan birga yashirinib yurdi. Yettinchi yili ruhoniy Yohayido qo‘rqmay harakatga tushdi. U quyidagi yuzboshilar bilan ahd qildi: Yeroxam o‘g‘li Ozariyo, Yohuxanon o‘g‘li Ismoil, Obid o‘g‘li Ozariyo, Odayo o‘g‘li Masiyo va Zixri o‘g‘li Elishafat. Ular Yahudo yurtini kezib chiqdilar, Yahudoning hamma shaharlaridan levilarni va Isroil urug‘boshilarini yig‘ib, Quddusga olib keldilar. Kelganlarning hammasi Xudoning uyiga yig‘ilib, o‘sha yerda shoh bilan ahd qildilar. Yohayido ularga shunday dedi: “Mana shohning o‘g‘li! Egamizning Dovud o‘g‘illari haqida bergan va’dasiga muvofiq, bu o‘g‘il hukmronlik qilsin. Endi sizlar bunday qilasizlar: Shabbat kuni xizmat qiladigan ruhoniy va levilarning uchdan bir qismi darvozalarni qo‘riqlasin. Uchdan biri — shohning uyida, uchdan biri esa Asos darvozasida bo‘lsin. Xalq ommasi Egamiz uyining hovlilarida tursin. Egamizning uyiga ruhoniylar bilan xizmatdagi levilardan boshqa hech kim kirmasin. Faqat ular kira oladilar, chunki ular muqaddasdirlar. Qolgan odamlar Egamizning ko‘rsatmalariga rioya qilib, tashqarida qolsinlar. Levilar qo‘lida quroli bilan shohni har tomondan o‘rab olsin, Egamizning uyiga kirgan har kim o‘ldirilsin. Shoh kirganda ham, chiqqanda ham, unga hamroh bo‘linglar.” Levilar va butun Yahudo xalqi ruhoniy Yohayidoning amrlarini so‘zsiz bajardilar. Har bir yuzboshi Shabbat kuni xizmatini boshlagan va xizmatini tugatgan qo‘riqchilarini olib qoldi, chunki o‘sha kuni Yohayido qo‘riqchilarining birorta bo‘linmasiga ketishga ijozat bermagan edi. Ruhoniy Yohayido Xudoning uyida turgan shoh Dovudning nayzalarini hamda katta va kichik qalqonlarini yuzboshilarga tarqatdi. Shohni qo‘riqlash uchun uyning janub tomonidan shimol tomonigacha, qurbongohning va uyning atrofiga odamlarni jangga shay qilib joylashtirdi. Yohayido shohning o‘g‘li Yo‘shni tashqariga olib chiqib, boshiga toj kiygizdi. Unga shohlik qonunlarini berdi. Yo‘sh shoh deb e’lon qilindi. Yohayido va uning o‘g‘illari Yo‘shning boshiga moy surtishdi, so‘ngra: “Shohimizning umrlari uzoq bo‘lsin!” deya hayqirishdi. Otaliyo yugurayotgan va shohni olqishlayotgan xalqning shovqin–suronini eshitgach, Egamizning uyiga yig‘ilganlar yoniga bordi. Qarasaki, Egamizning uyi eshigi yonidagi ustun oldida shoh turibdi, shohning atrofini lashkarboshilar, karnaychilar o‘rab olgan. Yurtning butun xalqi shod–xurram, karnay chalyapti, qo‘shiqchilar musiqa asboblari jo‘rligida bayram o‘tkazyapti. Shunda Otaliyo g‘azabdan liboslarini yirtib: “Xoinlik! Xoinlik!” deb baqirdi. Ruhoniy Yohayido yuzboshilarni chaqirib: “U xotinni bu yerdan olib chiqib ketinglar, kimki unga ergashsa, qilichdan o‘tkazinglar”, deya buyruq berdi. Ruhoniy o‘sha ayolning Egamiz uyida o‘ldirilishini istamadi. Otaliyo ushlandi va saroyning Ot darvozasiga keltirilib, o‘sha yerda o‘ldirildi. Ruhoniy Yohayido, Yahudo xalqi Egamizning xalqi bo‘lsin, deya o‘zi bilan xalq va shoh orasida ahd tuzdi. So‘ng butun xalq Baalning uyiga borib, uni buzib tashladi, u yerdagi qurbongohlarni va Baalning tasvirlarini sindirdi, Baalning ruhoniysi Mattonni esa qurbongohlarning ro‘parasida o‘ldirdi. Yohayido Dovud bergan ko‘rsatmalarga rioya qilgan holda Egamiz uyining nazoratini levi ruhoniylariga topshirdi. Ularga Musoning qonunida yozilganiday Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar keltirishni va Dovud amr etganday shod–xurramlik bilan qo‘shiq aytishni buyurdi. Hech kim Egamizning uyiga harom bo‘lib kirmasin deb, darvozaga soqchilarni joylashtirdi. So‘ngra yuzboshilarni, aslzodalarni, xalq yo‘lboshchilarini va jamiki xalqni yoniga olib, shohni Egamizning uyidan olib chiqdi. Ular Yuqori darvozadan o‘tib, shohni saroyga olib keldilar va taxtga o‘tqazdilar Otaliyo o‘ldirilgani uchun, yurt xalqi sevindi. Quddus osoyishta bo‘lib qoldi. Yo‘sh shoh bo‘lganda, yetti yoshda edi. U Quddusda qirq yil hukmronlik qildi. Onasi Bersheva shahridan bo‘lib, ismi Zibiyox edi. Ruhoniy Yohayido hayotligida Yo‘sh Egamizning oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Yohayido Yo‘shga ikkita xotin olib berdi. Yo‘sh bu xotinlaridan o‘g‘il–qizlar ko‘rdi. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Yo‘sh Egamizning uyini tuzatishga qaror qildi. U ruhoniylarni va levilarni to‘plab, ularga aytdi: “ Yahudo shaharlariga borib, Xudoyimizning uyini tuzatish uchun jamiki Isroil xalqidan yiliga to‘lanadigan soliqni yig‘ib kelinglar. Bu ishni tezlik bilan bajaringlar.” Lekin levilar bu ishni orqaga surdilar. Shunda shoh oliy ruhoniy Yohayidoni chaqirtirib, undan so‘radi: “Nimaga siz levilarni soliq yig‘ib kelishlari uchun jo‘natmadingiz? Egamizning quli Muso Muqaddas ahd chodirining harajatlarini qoplash uchun bu soliqni Isroil jamoasiga solgan–ku.” Qabih ayol Otaliyoning izdoshlari Xudoning uyiga bostirib kirib, u yerdagi Egamizga bag‘ishlangan ashyolarni Baalning sajda marosimlari uchun ishlatgan edilar. Shohning buyrug‘i bilan, bir quti yasalib, Egamiz uyi darvozasining tashqi tomoniga o‘rnatildi. Xudoning quli Muso sahroda Isroil xalqiga solgan soliqni Egamizga olib kelishlari uchun Yahudo va Quddus bo‘ylab e’lon qilindi. Jamiki yo‘lboshchilar va xalq bajonidil soliq pullarini olib kelib, qutini to‘ldiraverdilar. Qutida ko‘p pul yig‘ilganidan keyin, levilar qutini shoh a’yonlariga olib borishar edi. Shohning mirzasi bilan oliy ruhoniyning yordamchisi qutini bo‘shatib, uni o‘z joyiga qaytib qo‘yishar edi. Ular har kuni shunday qilishardi. Shu tariqa ko‘p miqdorda kumush to‘plashdi. Shoh va Yohayido bu kumushlarni Egamizning uyidagi ishlarning boshida turgan odamlarga berdi. Ular esa bu kumushga Egamizning uyini tuzatish uchun tosh teruvchilar, duradgorlar, temir va bronzaga ishlov beradigan ustalarni yolladilar. Hammalari chin yurakdan mehnat qilishdi, Xudoning uyini oldingi holatida tiklab, mustahkamlashdi. Ular hamma ishlarni tugatishgach, qolgan kumushlarni shoh bilan Yohayidoga berishdi. Bu kumushlardan Egamizning uyida ishlatiladigan buyumlar yasaldi: xizmatda va qurbonliklar kuydirishda ishlatiladigan buyumlaru idishlar, shuningdek, oltin va kumushdan yasalgan boshqa anjomlar. Ruhoniy Yohayido davrida Egamizning uyida doimo kuydiriladigan qurbonliklar keltirilardi. Yohayido rosa keksayib, bir yuz o‘ttiz yoshida vafot etdi. U Isroil xalqi, Xudo va Xudoning uyi uchun qilgan xizmatlari evaziga Dovud qal’asida shohlar yoniga dafn qilindi. Yohayidoning vafotidan keyin Yahudo a’yonlari shoh huzuriga kelishib, unga ta’zim qildilar. Shoh ularning maslahatlariga quloq soldi. Natijada xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizning uyini tark etib, Asheraning ustunlariga va butlarga sig‘ina boshladi. Ularning bu gunohlari tufayli, Yahudo va Quddus ustiga Egamiz g‘azabini sochdi. U, xalqimni qaytaray deb, oldilariga payg‘ambarlarni yubordi. Biroq xalq payg‘ambarlarning ogohiga quloq solmadi. Xudoning Ruhi ruhoniy Yohayidoning o‘g‘li Zakariyoni qamrab oldi. Zakariyo xalqning oldida turib, shunday deb aytdi: “Xudo shunday demoqda: Nimaga sizlar Mening amrlarimga itoat etmayapsizlar? Shuning uchun rohat–farog‘atga erisholmaysizlar. Sizlar Meni tark etganlaringiz uchun, Men ham sizlarni tark etaman.” A’yonlar Zakariyoga fitna uyushtirdilar. Shohning farmoni bilan uni Egamizning uyi hovlisida toshbo‘ron qilib o‘ldirdilar. Shoh Yo‘sh Zakariyoning otasi Yohayido ko‘rsatgan olijanobliklarini eslamadi, aksincha o‘g‘lini o‘ldirdi. Zakariyo jon berayotganda: “Egamiz bu qilmishingizni ko‘rib, jazongizni bersin”, dedi. O‘sha yilning oxirida Oram lashkarlari Yo‘shga hujum qilishdi. Ular Yahudo va Quddusni bosib olib, hamma xalq yo‘lboshchilarini o‘ldirishdi, olgan hamma o‘ljalarini Damashq shohiga jo‘natishdi. Garchi Oram lashkarlari ozchilik bo‘lsa ham, Egamiz ularning qo‘liga Yahudoning katta lashkarini topshirgandi. Chunki Yahudo xalqi ota–bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgandi. Shunday qilib, shoh Yo‘sh jazosini oldi. Yo‘sh jangda og‘ir yaralandi. Oram lashkari ketishlari bilanoq, Yo‘shning ikki a’yoni ruhoniy Yohayido o‘g‘lining o‘chini olish uchun, Yo‘shga fitna uyushtirib, uni to‘shagida o‘ldirdilar. Yo‘shni Dovud qal’asiga dafn qildilar, biroq shohlar qabriga uni qo‘ymadilar. Yo‘shga fitna uyushtirganlar Ommonlik Shimat degan ayolning o‘g‘li Zobod va Mo‘ablik Shimrit degan ayolning o‘g‘li Yohuzabad edi. Yo‘shning o‘g‘illari to‘g‘risidagi to‘liq axborot, Yo‘shga qarshi aytilgan ko‘p bashoratlar va Xudoning uyi tuzatilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Shohlar Kitobiga sharhlar”da bayon etilgan. Yo‘shning o‘rniga o‘g‘li Emoziyo shoh bo‘ldi. Emoziyo taxtga o‘tirgan paytda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma to‘qqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik bo‘lib, ismi Yohuvaddon edi. Emoziyo Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi, ammo chin yurakdan qilmagan edi. Emoziyo o‘z shohligini mustahkamlab olgandan keyin, otasini o‘ldirgan a’yonlarni yo‘q qildi. Biroq Musoning Tavrotida yozilganiga ko‘ra, qotillarning bolalarini o‘ldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlari gunohi uchun o‘ldirilmasin, farzandlar otalari gunohi uchun o‘ldirilmasin, har kim o‘zining gunohi uchungina jazolansin”, deb amr qilgan edi. Emoziyo Yahudo va Benyamin qabilalarini ularning urug‘lariga ko‘ra, harbiy qismlarga bo‘ldi. Ular ustidan mingboshi va yuzboshilarni tayinladi. Emoziyoning lashkari yigirma va undan yuqori yoshdagi 300.000 saralangan jangchidan tashkil topgan bo‘lib, ularning hammasi urushga yaroqli, qilich va qalqonni mohirlik bilan ishlata olar edi. Bulardan tashqari, Emoziyo ikki yuz pud kumushga Isroildan 100.000 bahodir jangchini yolladi. Lekin Xudoning bir odami Emoziyoning huzuriga kelib, shu gapni aytdi: — Ey shoh! Isroil lashkarlari sen bilan bormasin, chunki Egamiz ular bilan emas. Isroil xalqiga yordam berishdan U voz kechgan. Sen jasorat bilan jang qilsang ham, baribir Xudo seni g‘animlaring oldida mag‘lub qiladi, chunki yordam beradigan va mag‘lub qiladigan Xudodir. Emoziyo Xudoning odamidan so‘radi: — Isroil lashkari uchun to‘lagan ikki yuz pud kumush nima bo‘ladi? — Xudoning odami: — Egamiz bundan ham ko‘prog‘ini senga berishga qodir, — deya javob berdi. Shundan keyin Emoziyo Isroildan kelgan lashkarga javob berib, ularni uylariga qaytarib yubordi. Ular Yahudo xalqidan qattiq g‘azablanib, jahl ustida uylariga qaytib ketdilar. Emoziyo jasorat ko‘rsatib, lashkarini Tuz vodiysiga boshlab bordi. U yerda Seirliklardan 10.000 tasini o‘ldirdi. Yahudo lashkari ularning yana 10.000 tasini tiriklayin asirga olib, Sela cho‘qqisidan pastga itarib yubordilar. Ularning hammasi toshlarga urilib halok bo‘ldilar. Shu orada Emoziyo orqaga qaytarib yuborgan Isroil lashkari Samariya bilan Bayt–Xo‘ron oralig‘idagi Yahudo shaharlariga hujum qildi, ular 3000 kishini o‘ldirib, ko‘p o‘lja oldilar. Emoziyo Edomliklarni mag‘lub qilgandan keyin o‘zi bilan Edomliklarning xudolarini olib keldi. Ularni o‘ziga xudo qilib o‘rnatdi, o‘sha xudolarga sajda qilib, qurbonliklar keltirdi. Egamiz bundan qattiq g‘azablanib, Emoziyoning huzuriga payg‘ambarini yubordi. Payg‘ambar unga shu so‘zlarini aytdi: — Nimaga sen begona xudolarga sajda qilyapsan? Bu xudolar o‘z xalqini sening qo‘lingdan qutqara olmadi–ku! — Qachondan beri sen shohning maslahatchisi bo‘lib qolding?! — deb payg‘ambarning gapini bo‘ldi shoh. — Ovozingni o‘chir! Bo‘lmasa joningni olaman. Payg‘ambarning gapi og‘zida qoldi, biroq u shohni shunday deb ogohlantirib qo‘ydi: — Sen shu ishni qilib, mening maslahatimga quloq solmaganing uchun Xudo seni nobud qilishga qaror qilganini bilaman. Yahudo shohi Emoziyo o‘z a’yonlari bilan maslahatlashib, Isroil shohi Yoho‘shga shunday xabar jo‘natdi: — Qani, menga jang maydonida ro‘baro‘ kelib ko‘r–chi. — Yohush Yohuxozning o‘g‘li, Yohuning nabirasi edi. Isroil shohi Yoho‘sh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni jo‘natdi: — Lubnondagi g‘ovtikan shu yerdagi sadr daraxtiga, “qizingni o‘g‘limga xotinlikka ber”, deb xabar yo‘llabdi. O‘sha paytda Lubnondagi yirtqich hayvon o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, g‘ovtikanni bosib yanchib ketibdi. Shunga o‘xshab sen ham: “Ko‘rib qo‘y, Edomni mag‘lub qildim”, deb maqtanib, yuraging kiborlikka to‘libdi. Uyingda o‘tiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? O‘z boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan! Lekin Emoziyo quloq solmadi. Bu Xudoning ishi edi. Yahudo xalqi Edomning xudolariga sajda qilgani uchun, Xudo ularni dushmanning qo‘liga berishga qaror qilgan edi. Shuning uchun Isroil shohi Yoho‘sh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt–Shamash shahrida ro‘baro‘ keldi. Isroil lashkari Yahudo lashkarini mag‘lub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi. Isroil shohi Yoho‘sh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxaziyoning nevarasi, Yo‘shning o‘g‘li edi. So‘ng Yoho‘sh Emoziyoni Quddusga olib bordi. U yerda Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha bo‘lgan to‘rt yuz tirsak qismini buzdirdi. Xudoning uyida Obidadomning nasli qo‘riqlagan hamma oltin, kumush va ashyolarni tortib oldi. Buning ustiga, saroy xazinasini va asirlarni olib, Samariyaga qaytib ketdi. Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yoho‘shning o‘limidan keyin o‘n besh yil yashadi. Emoziyoning qolgan faoliyati boshdan oxirgacha “Yahudo va Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Emoziyo Egamizdan yuz o‘girgan vaqtda Quddusda unga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib Laxish shahriga qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni o‘sha yerda o‘ldirtirdilar. Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qal’asida ota–bobolarining yoniga dafn qilindi. Shundan keyin Yahudo xalqi o‘n olti yoshli Uzziyoni otasi Emoziyoning o‘rniga shoh qildi. Emoziyoning vafotidan so‘ng, Uzziyo ilgarilari Yahudoga qarashli bo‘lgan Elet shahrini qo‘lga kiritib, qaytadan qurdi. Uzziyo shoh bo‘lganda, o‘n olti yoshda edi. U Quddusda ellik ikki yil hukmdorlik qildi. Onasi Qudduslik bo‘lib, ismi Yoxoliyo edi. Uzziyo ham, otasi Emoziyo kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Xudoning vahiylarini ta’bir qiluvchi Zakariyoning hayot davrida Uzziyo Xudoga intilardi. U Egamizga intilgan paytda, Xudo unga huzur–halovat bag‘ishladi. Uzziyo Filistlarga qarshi urush boshlab, Gat, Yobnax va Ashdod shaharlarining devorlarini buzib tashladi. U Ashdod hududida va Filistlarga qarashli boshqa joylarda shaharlar qurdi. U Filistlarga, Gur–Baalda yashaydigan Arablarga va Mavunlarga qarshi urush qilganda, Xudo unga madad berdi. Ommonliklar Uzziyoga o‘lpon to‘laydigan bo‘ldi. U nihoyatda kuchayib ketganidan, shuhrati Misr chegerasigacha yoyildi. Bundan tashqari, Uzziyo Quddusdagi Burchak darvozasi, Soylik darvozasi va devorning qayrilgan joyida minoralar qurib, bu minoralarni mustahkamladi. U sahroda mudofaa qo‘rg‘onlarini qurdirdi. Yahudo qir etaklarida va tekisliklarda boqilgan podalari ko‘p bo‘lgani uchun, ko‘plab sardobalar qazdirdi. Dehqonchilikka ixlos qo‘ygani uchun, adirlaru unumdor yerlarda ekinlar ekdirib, uzumzorlar barpo qildi. U yerda ishlaydigan dehqonu bog‘bonlari bor edi. Uzziyoning mohir jangchilardan tashkil topgan lashkarlari bor edi. Bu jangchilarni kotib Yaviyol va uning yordamchisi Masiyo safarbar qilib, ularni bo‘linmalarga bo‘lgan edi. Kotib Yaviyol bilan Masiyo Xanoniyoning qo‘li ostida ish olib borar edilar. Xanoniyo shohning a’yoni edi. Bu saralangan jangchilarga 2.600 urug‘boshi qo‘mondonlik qilardi. Ularning qo‘li ostida jami 307.500 bahodir jangchi bo‘lib, bu katta lashkar shohni dushmanlaridan himoya qilar edi. Uzziyo butun lashkarni qalqonlar, nayzalar, dubulg‘alar, sovutlar, kamonlar va sopqon toshlari bilan ta’minlagan edi. U Quddusdagi minoralar ustiga va shahar devori burchaklariga olimlari kashf etgan o‘q otadigan va katta toshlarni uloqtiradigan qurollarni o‘rnatdi. Xudo unga yordam bergani uchun, u nihoyatda qudratli bo‘lib, shuhrati har yoqqa taraldi. Uzziyo kuchayib ketgandan keyin, halokatga olib boradigan kiborlikka berildi. U Egamizning Ma’badiga kirib, tutatqi qurbongohida tutatqi tutatdi, shu yo‘sin o‘zining Egasi Xudoga itoatsizlik qildi. Ruhoniy Ozariyo Egamizning saksonta jasur ruhoniysi bilan birga Uzziyoning ketidan bordi. Ular shoh Uzziyoga tanbeh berib deyishdi: “Ey shohimiz! Egamizga tutatqi tutatish sizning ishingiz emas. Bu Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarning ishidir. Tutatqi tutatishga ular bag‘ishlanganlar. Qani bo‘ling, bu muqaddas joydan chiqib keting! Siz Parvardigor Egamizga itoatsizlik qildingiz. Bu qilmishingiz uchun Xudo sizni yuksaltirarmidi?!” Uzziyo o‘sha paytda qo‘lidagi otashkuragi bilan tutatqi tutatishga tayyor bo‘lib turgan edi. U ruhoniylarning tanbehidan qattiq g‘azablandi, shu zahotiyoq peshanasiga yara toshdi. Bu hodisa Egamizning uyidagi tutatqi qurbongohi oldida, ruhoniylarning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. Oliy ruhoniy Ozariyo bilan boshqa ruhoniylar shoh peshanasidagi qo‘rqinchli yaralarni ko‘rishgach, shohni tashqariga olib chiqishga shoshildilar. Shohning o‘zi ham tashqariga otlandi, chunki Egamiz uni jazolagan edi. Uzziyo umrining oxirigacha teri kasalligidan tuzalmadi. U alohida bir uyda yolg‘iz yashadi. Egamizning uyiga kirish unga man etilgan edi. Yurtdagi xalqni ham, shoh saroyini ham o‘g‘li Yo‘tom boshqarardi. Uzziyoning boshqa ishlari boshdan oxirgacha Omiz o‘g‘li payg‘ambar Ishayo yozib qoldirgan. Uzziyo olamdan o‘tib, shohlar qabristoning bir chetiga dafn qilindi. Biroq teri kasalligiga chalingani uchun uni shohlar xilxonasiga qo‘ymadilar. Uning o‘rniga o‘g‘li Yo‘tom shoh bo‘ldi. Yo‘tom yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yerusha bo‘lib, u Zodo‘xning qizi edi. Yo‘tom, otasi Uzziyo kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Ammo otasidan farqli ravishda Egamizning Ma’badida tutatqi tutatmadi. Xalq esa hamon buzuq odatlarini davom ettirardi. Yo‘tom Egamiz uyining hovlisida Yuqori Darvozani qurdi va Ofel tepaligidagi devor ustida katta ishlarni olib bordi. Bundan tashqari, u Yahudoning qirlarida shaharlar, o‘rmonzorlarda qal’alar va minoralar qurdirdi. U Ommonliklarga qarshi jang qilib, ularni bo‘ysundirdi. Ommonliklar uch yil davomida Yo‘tomga quyidagi miqdordagi o‘lponni to‘lashga majbur bo‘ldilar: 214 pud kumush, 100.000 tog‘ora bug‘doy va 100.000 tog‘ora arpa. Yo‘tom Egasi Xudoga sodiqlik bilan itoat etgani uchun qudratli bo‘lib ketdi. Yo‘tomning boshqa ishlari, qilgan janglari va tutgan yo‘llari “ Isroil va Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. U yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yerusha bo‘lib, u Zodo‘xning qizi edi. Yo‘tom olamdan o‘tib, Dovud qal’asida dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Oxoz shoh bo‘ldi. Oxoz yigirma yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. U bobosi Dovuddan namuna olmadi, Egamizning oldida to‘g‘ri ishlar qilmay, Isroil shohlarining yo‘lidan ketdi. U hatto Baalga sajda qilish uchun Baalning quyma tasvirlarini yasadi. Xinnum soyligida butlarga atab qurbonliklar kuydirdi. Kan’on yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, hatto o‘z o‘g‘illarini olovda kuydirib qurbonlik qildi. Sajdagohlarda, do‘ngliklarda va har qanday yashil daraxt ostida qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Shoh Oxoz gunoh qilgani uchun Egasi Xudo uni Oram shohining qo‘liga berdi. Oram shohi Oxozni mag‘lub qilib, xalqidan juda ko‘pchiligini asir qilib Damashqqa olib ketdi. Bundan tashqari, Egamiz shoh Oxozni Isroil shohi qo‘liga berdi. Isroil shohi Oxoz boshiga katta qirg‘in solib, uni mag‘lub qildi. Bir kunning o‘zida Isroil shohi — Ramaliyo o‘g‘li Pekax Yahudo lashkarining 120.000 bahodir jangchisini o‘ldirdi. Bunga sabab Yahudo xalqi ota–bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgani bo‘ldi. Isroil xalqidan bo‘lgan bahodir jangchi Zixri shohning o‘g‘li Masiyoni, saroy boshqaruvchisi Ozrikomni va shohning o‘ng qo‘l vaziri Elqanani o‘ldirdi. Yahudo xalqi ularga qarindosh bo‘lishiga qaramay, Isroil lashkari ulardan 200.000 ayol va o‘g‘il–qizlarini asir qilib, katta o‘lja bilan birga Samariyaga olib ketishdi. Egamizning Odod degan payg‘ambari Samariyada edi. U qaytib kelgan Isroil lashkarini qarshilab chiqib, ularga shunday dedi: “Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz xalqi Yahudodan g‘azablangani uchun ularni sizning qo‘lingizga topshirdi. Sizlar esa ularni shunchalik qahr ustida qirdingizki, ularning sadosi samolarga yetdi. Shunisi yetmaganday, sizlar Yahudo va Quddus xalqining erkagu ayolini o‘zingizga qul qilmoqchi bo‘ldingiz. O‘zingizga bir qarang, Egangiz Xudo oldida qilgan qilmishlaringizning hammasi turgan bitgani gunoh. Endi gapimni eshiting! Asir qilgan bu qarindoshlaringizni orqaga qaytarib yuboring. Aks holda Egamiz o‘z g‘azabini sizning ustingizga sochadi.” Isroil xalqining ba’zi yo‘lboshchilari ham, chunonchi Yo‘xanon o‘g‘li Ozariyo, Mashillamo‘t o‘g‘li Barxiyo, Shallum o‘g‘li Yoxizqiyo va Hadlay o‘g‘li Emosa, urushdan qaytib kelganlarga o‘z noroziligini bildirib, dedilar: “Asirlarni bu yerga olib kelmanglar! Biz Egamizga qarshi gunoh qilib, Uning qahrini chiqarib bo‘ldik. Sizlar esa shusiz ham ortib yotgan gunohimiz ustiga yana gunoh orttirmoqchisizlar.” Shunda sipohlar Isroil a’yonlari va butun jamoa oldida asirlarni ozod qilib, o‘ljalarni topshirdilar. Yuqorida nomlari aytilgan to‘rtta yo‘lboshchi asirlarning orasidagi yalang‘och bo‘lganlarning hammasiga o‘lja olingan narsalardan ust–bosh, oyoq kiyim berdilar, yedirdilar, ichirdilar, yaralariga moy surtdilar. Keyin zaiflarini eshaklarga mindirib, asirlarning hammasini Yahudoga qarashli palma shahri — Erixoga olib bordilar. So‘ng Samariyaga qaytib keldilar. O‘sha paytda shoh Oxoz Ossuriya shohidan yordam so‘rab, huzuriga odam jo‘natdi, chunki Edomliklar yana Yahudo yurtiga hujum qilib, ko‘p asirlarni olib ketgan edilar. Shu orada Filistlar ham Yahudo qir etaklaridagi hamda Nagav cho‘lidagi shaharlarga hujum qilib, Bayt–Shamash, Oyjavlon va Gadero‘t shaharlarini qo‘lga kiritdilar, shuningdek, So‘xo‘, Timnax va Gimzo shaharlarini va bu shaharlar atrofidagi qishloqlarni qo‘lga olib, o‘sha joylarga o‘rnashib oldilar. Shoh Oxoz Yahudo xalqini gunoh qilishga undab, Egamizga haddan tashqari ko‘p xiyonat qilgani uchun, Yahudo xalqini Egamiz shu qadar tahqirlagan edi. Ossuriya shohi Tilgatpilasar kelib, Oxozga yordam berish o‘rniga zulmni kuchaytirdi. Oxoz Egamizning uyidan, shoh saroyidan va a’yonlarning uyidan qimmatbaho narsalarni olib, Ossuriya shohiga o‘lpon qilib berdi. Biroq bu ham yordam bermadi. Hayotining eng qiyin damlarida ham o‘sha shoh Oxoz Egamizga battar xiyonat qildi. Uni mag‘lub qilgan Oram xalqining xudolariga qurbonliklar keltirdi. U ichida shunday derdi: “Oram shohlarining xudolari ularga yordam berdi, agar men Oram xudolariga qurbonlik keltirsam, ular menga ham yordam berishadi.” Vaholanki, bu xudolar shoh Oxozning va uning qo‘li ostidagi butun xalqning halokatiga sabab bo‘ldi. Oxoz Xudoning uyidagi hamma ashyolarni yig‘ishtirib olib, parchaladi. Xudoning uyi eshiklarini berkitib, Quddusning har burchagida qurbongohlar qurdirdi. Yahudoning hamma shaharlarida begona xudolarga qurbonliklar kuydirish uchun sajdagohlar barpo qilib, ota–bobolarining Xudosi — Egamizni g‘azablantirdi. Oxozning boshqa ishlari va tutgan yo‘llari boshidan oxirigacha “Yahudo va Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Oxoz olamdan o‘tib, Quddusda dafn qilindi. Lekin uni Isroil shohlari xilxonasiga ko‘mmadilar. Uning o‘rniga o‘g‘li Hizqiyo shoh bo‘ldi. Hizqiyo yigirma besh yoshida shoh bo‘ldi. U Quddusda yigirma to‘qqiz yil shohlik qildi. Onasining ismi Abiyo bo‘lib, Zakariyoning qizi edi. Hizqiyo, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Hukmronligining birinchi yilida Hizqiyo Egamiz uyining eshiklarini qayta ochdi, ularni tuzattirdi. So‘ng ruhoniylarni va levilarni chaqirtirib, ularni Ma’badning sharqiy hovlisiga to‘pladi. Hizqiyo ularga dedi: “Gapimni eshitinglar, ey levilar! O‘zlaringizni poklanglar, ota–bobolaringiz Xudosi — Egamizning uyini ham poklanglar! Bu muqaddas joydan harom narsalarni chiqarib tashlanglar! Bizning ota–bobolarimiz bevafo edilar. Ular Egamiz Xudo oldida yomon ishlar qilib, Uni tark etdilar. Egamizning makonidan yuzlarini o‘girib, Unga orqalarini burdilar. Ma’bad eshiklarini yopib tashladilar, chiroqlarni o‘chirib qo‘ydilar. Isroil xalqining Xudosiga atab, muqaddas maskanda tutatqi tutatilmaydigan, qurbonliklar kuydirilmaydigan bo‘ldi. Shuning uchun Yahudo va Quddusga Egamiz O‘z qahrini sochdi. Ularning ahvoli hammaning yoqasini ushlatib, dahshatu vahimaga soldi. Siz o‘zingiz ham bundan xabardorsiz. Shuning uchun otalarimiz jangda halok bo‘ldi, xotinu o‘g‘il–qizlarimiz asirlikka olib ketildi. Egamiz bizdan O‘z qahrini qaytarsin deb, men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bilan ahd qilishga qaror etdim. O‘g‘illarim! Endi e’tiborsiz bo‘lmanglar, chunki Egamiz sizlarni Uning huzurida xizmat qilishingiz uchun va qurbonliklar kuydirishingiz uchun tanlab olgan.” Levilardan quyidagilar shu yerda edilar: Qohot naslidan — Emosay o‘g‘li Maxat, Ozariyo o‘g‘li Yo‘el, Marori naslidan — Abdi o‘g‘li Kish va Yoxalil o‘g‘li Ozariyo, Gershon naslidan — Zimmo o‘g‘li Yo‘x, Yo‘x o‘g‘li Eden, Elizofon naslidan — Shimri, Yoval, Osif naslidan — Zakariyo, Mattaniyo, Xaman naslidan — Yoxiyol, Shimax, Yodutun naslidan — Shamayo va Uziyol. Bu levilar qolgan levi birodarlarini to‘plab, hammasi poklandilar. So‘ng shohning farmoni bo‘yicha, Egamizning qonun–qoidalariga rioya qilgan holda Egamizning uyini poklay boshladilar. Ruhoniylar Egamiz uyining ichki xonasini poklash uchun u yerga kirib, Ma’baddagi hamma harom–xarish narsalarni Egamiz uyining hovlisiga olib chiqdilar. Levilar esa bu narsalarni shahar tashqarisiga, Qidron soyligiga olib borib tashladilar. Ruhoniylar bilan levilar ishini birinchi oyning birinchi kuni boshlagan edilar. Sakkiz kun davomida ular Egamiz uyining hovlilarini pokladilar. Keyingi sakkiz kun davomida uyning o‘zini pokladilar. Birinchi oyning o‘n oltinchi kuniga kelib hamma ishlarini tugatdilar. So‘ngra shoh Hizqiyo huzuriga borib, shunday dedilar: “Biz Egamizning butun uyini, qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni va qurbongohning hamma ashyolarini, muqaddas nonlar qo‘yiladigan xontaxtani va xontaxtaning hamma ashyolarini pokladik. Shoh Oxoz bevafoligi dastidan chiqarib tashlagan hamma ashyolarni biz tayyorlab, pokladik. Mana, ularning hammasi Egamizning qurbongohi oldida turibdi.” Shoh Hizqiyo ertasi kuni saharda shahar a’yonlarini to‘plab, hammalarini Egamizning uyiga boshlab bordi. Ular shoh xonadonining va Yahudo xalqining gunohini yuvish uchun hamda Ma’badni poklash uchun gunoh qurbonligi qilib yettita buqa, yettita qo‘chqor, yettita qo‘zi va yettita takani olib keldilar. Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga shoh: “Bularni Egamizning qurbongohida nazr qilinglar!” deb buyurdi. Ruhoniylar buqalarni so‘yib, qonni qurbongohga sepdilar. Keyin qo‘chqorlarni so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar. Qo‘zilarni ham so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar. So‘ngra gunoh qurbonligi qilinadigan takalarni shoh va jamoa oldiga olib keldilar. Ular qo‘llarini takalar ustiga qo‘ydilar. Ruhoniylar takalarni so‘ydilar, butun xalqni gunohlaridan poklash uchun qonni qurbongohga sepdilar. Negaki, shoh “ Kuydiriladigan qurbonliklar va gunoh qurbonliklari jamiki Isroil uchun qilinsin”, deb farmon bergan edi. Hizqiyo shoh Dovudning ko‘rsatmalariga rioya qilib, levilarni Egamizning uyiga joylashtirdi, ularga zang, arfa va liralarni berdi. Bu ko‘rsatmalarni Dovudga Egamiz o‘z payg‘ambarlari Gad va Natan orqali bergan edi. Gad shoh Dovudning xizmatidagi valiy edi. Levilar Dovudning cholg‘u asboblari bilan, ruhoniylar karnaylari bilan o‘z joylarini egalladilar. Shundan keyin Hizqiyo: “Qurbongohda qurbonliklar kuydirilsin!” deb buyurdi. Qurbonliklar kuydirila boshlangan zahoti qo‘shiqchilar Dovudning cholg‘u asboblari va karnaylar jo‘rligida Egamizga hamdu sanolar aytishni boshladilar. Qurbonliklar kuydirilib bo‘lguncha, butun jamoa sajda qilib, qo‘shiqchilar qo‘shiq aytib, karnaychilar karnay chalib turdilar. Qurbonlik tugagach, shoh Hizqiyo va butun xalq tiz cho‘kib, Xudoga sajda qildi. Shoh Hizqiyo bilan a’yonlar levilarga: “Dovud va valiy Osif yozgan sanolarni aytib, Egamizni madh qilinglar!” deb buyurdilar. Levilar sevinch ila sano kuylab, tiz cho‘kib sajda qildilar. Keyin Hizqiyo xalqqa dedi: “Mana, sizlar o‘zingizni Egamizga bag‘ishladingizlar. Endi atagan qurbonligu shukrona nazrlaringizni Egamizning uyiga olib kelinglar.” Jamoa qurbonliklar va shukrona nazrlarini keltirdilar. Ba’zilari esa ko‘ngildan chiqarib kuydiriladigan qurbonlik uchun hayvonlarni ham olib keldilar. Kuydiriladigan qurbonlik uchun 70 buqa, 100 qo‘chqor va 200 qo‘zi keltirildi. Bulardan tashqari, jamoa 600 buqa va 3.000 qo‘yni qurbonlik qilish uchun olib keldi. Ammo ruhoniylar ozchilik bo‘lganlari uchun kuydiriladigan hayvonlarning terisini shilishga ulgura olmayotgan edilar. Shu sababdan qarindoshlari levilar to ish tugaguncha va boshqa ruhoniylar o‘zlarini poklaguncha ularga qarashib turdilar. Levilar ruhoniylarga qaraganda o‘zlarini poklash masalasiga jiddiyroq yondashgan edilar. Kuydiriladigan qurbonliklarning miqdori nihoyatda ko‘p edi, bulardan tashqari, tinchlik qurbonliklarining yog‘lari va kuydiriladigan qurbonliklar bilan birga keltiriladigan sharob nazri ham g‘oyatda mo‘l edi. Shu yo‘sin, Egamiz uyidagi xizmat qayta tiklandi. Egamizning O‘z xalqiga qilgan bu ishidan Hizqiyo va butun jamoa sevindi. Bularning hammasi qisqa vaqtda sodir bo‘lgan edi. Hizqiyo butun Isroil va Yahudo xalqiga xabar jo‘natdi, Efrayim hamda Manashe qabilalariga ham maktub yozib, ularni Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab Fisih ziyofatini nishonlash uchun Egamizning Quddusdagi uyiga taklif qildi. Shoh, a’yonlar hamda Quddusdagi jamoa Fisih ziyofatini ikkinchi oyda nishonlashga qaror qilgan edilar. Ular Fisih ziyofatini o‘z vaqtida — birinchi oyda nishonlay olmagan edilar. Bunga sabab poklangan ruhoniylarning soni yetarli bo‘lmagani va odamlarning ko‘pchiligi Quddusga yig‘ilmagani bo‘ldi. Fisih ziyofati to‘g‘risidagi bu qaror shohga ham, jamoaga ham to‘g‘riday tuyuldi. Ular janubdagi Bershevadan tortib to shimoldagi Dan shahrigacha bo‘lgan Isroil hududlarida istiqomat qilgan hammani Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab Fisih ziyofatini nishonlash uchun Quddusga taklif qildilar. Negaki bu ziyofat ancha vaqtdan beri, qonunda ko‘rsatilganday butun xalq tomonidan nishonlanmagan edi. Choparlar shoh va uning a’yonlari nomidan yozilgan maktubni butun Isroil va Yahudo xalqlariga yetkazdilar. Maktubda quyidagilar bitilgan edi: “Ey Ossuriya bosqinchiligidan omon qolgan Isroil xalqi! Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Xudosi — Egamizga qaytinglar, shunda U ham sizga qaytadi. Egasi Xudoga xiyonat qilgan ota–bobolaringizga va Isroillik qarindoshlaringizga o‘xshamanglar. O‘zingiz ko‘rib turganingizday Xudo ularni qattiq jazoladi. Ota–bobolaringiz singari qaysar bo‘lmanglar, Egamizga bo‘ysuninglar, Uning Ma’badiga kelinglar. Egamiz Ma’badni abadiy muqaddas qilgan. Egangiz Xudoga sajda qilinglar, ana shunda u g‘azabidan tushadi. Agar Egamizga qaytsangiz qarindoshu bola–chaqalaringizni asir qilgan bosqinchilar ularga rahm qiladilar, uylariga qaytib kelishlariga yo‘l qo‘yadilar. Zotan Egangiz Xudo inoyatli va rahmdildir, Unga qaytsangiz U sizdan yuzini o‘girmaydi.” Shunday qilib, choparlar to shimoldagi Zabulun hududigacha bo‘lgan Efrayim va Manashe hududlaridagi hamma shaharlarga kirib chiqdilar. Lekin odamlar ularning ustidan zaharxandalik bilan kulib, masxara qildilar. Faqat Osher, Manashe va Zabulun qabilasidan ba’zilari itoat etib, Quddusga keldilar. Yahudo xalqini esa Xudo birlashtirib, ularga shoh va a’yonlarning ko‘rsatmasini bajarishga xohish bergan edi. Bu ko‘rsatma Xudoning amriga asoslangan edi. Ikkinchi oyda Xamirturushsiz non bayramini nishonlash uchun juda ko‘p xalq Quddusga yig‘ildi. Ular Quddusdagi hamma begona qurbongohlarni va hamma tutatqi qurbongohlarini qo‘porib, Qidron soyligiga uloqtirib tashladilar. Ikkinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni esa Fisih qo‘zilarini so‘ydilar. O‘zlarini poklamagan ruhoniylar va levilar uyatli ahvolda qolganidan poklanish marosimini ado etib, kuydiriladigan qurbonliklarini Egamizning uyiga olib keldilar. So‘ng ular Xudoning odami Musoning qonuniga muvofiq Ma’badda o‘z joylarini egalladilar. Ruhoniylar levilarning qo‘lidan qurbonlik qonini olib, qurbongohga sepdilar. Xalqdan ko‘pchiligi o‘zlarini poklamagani uchun, Fisih qo‘zisini qurbon qila olmadilar. Bunday odamlarning Fisih qo‘zisini so‘yish va Egamizga atash vazifasini levilarning o‘zlari bajardilar. Efrayim, Manashe, Issaxor va Zabulun qabilasidan kelganlarning aksariyati o‘zlarini poklamagan bo‘lsalarda, Xudoning qonuniga zid ravishda Fisih taomidan tanovul qildilar. Lekin Hizqiyo ular uchun quyidagicha ibodat qildi: “Ey Egam, muruvvating ila bu bandalaringni kechir. Ular poklanish marosimini ado etmagan bo‘lsalarda, ota–bobolarining Xudosi — Egamizga chin yurakdan sajda qilishga qaror etganlar.” Hizqiyoning ibodatini Egamiz eshitib, xalqni kechirdi, ularga zarar yetkazmadi. Quddusda to‘plangan xalq katta xursandchilik bilan yetti kun Xamirturushsiz non bayramini nishonladi. Levilar va ruhoniylar har kuni sozlarning baland kuylari jo‘rligida Egamizni madh qildilar. Hizqiyo Egamizga xizmat qilishda mohirlik ko‘rsatgan hamma levilarni ruhlantirdi. Xullas, xalq tinchlik nazrlarini qurbon qildi, ota–bobolarining Xudosi — Egamizga shukronalar aytib, yetti kun bayram taomini tanovul qildi. Butun jamoa bayramni yana yetti kun nishonlashga qaror qildi. Shunday qilib, ular yana yetti kun xursandchilik bilan bayram qildilar. Yahudo shohi Hizqiyo jamoaga qurbonlik qilish uchun 1.000 ta buqa va 7.000 ta qo‘y berdi. Shoh a’yonlari esa 1.000 ta buqa va 10.000 ta qo‘y berdilar. Juda ko‘p ruhoniylar o‘zlarini pokladilar. Yahudo xalqi, ruhoniylar, levilar, Isroil xalqi, Isroil va Yahudoda istiqomat qilayotgan musofirlar o‘zlarida yo‘q xursand edilar. Quddusda katta xursandchilik hukm surardi. Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymon zamonidan beri Quddusda bunday voqea yuz bermagan edi. So‘ngra ruhoniylar va levilar turib, xalqni duo qildilar. Ularning ibodati Xudoning samodagi muqaddas makoniga yetib, ijobat bo‘ldi. Bayram tugagandan keyin, o‘sha yerdagi butun xaloyiq Yahudo, Benyamin, Efrayim va Manashe hududidagi shaharlarga borib, butsimon toshlarni parchalab tashladilar, Asheraning ustunlarini kesdilar, cajdagohlar va qurbongohlarni vayron qildilar. Bittasini ham qoldirmadilar. Shundan keyin hammasi o‘z shaharlariga, o‘zlarining mulkiga qaytdilar. Hizqiyo ruhoniylarni va levilarni guruhlarga bo‘ldi. Har bir guruhga quyidagi vazifalarini taqsimlab berdi: Egamizning Ma’badi hovlisida quydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini nazr qilish, u yerda xizmat qilib, hamdu sano va madhiyalar aytish. Egamizning qonuniga ko‘ra, har kuni ertalab va kechqurun, Shabbat kunlari, yangi oy shodiyonalari va tayinlangan bayram kunlari kuydiriladigan qurbonliklar keltirilishi lozim edi. Shoh Hizqiyo o‘zining shaxsiy mulkidan bu qurbonliklar uchun hayvonlarni berdi. U Quddusda yashagan xalqqa: “Ruhoniylar va levilarga tegishli ulushni beringlar, toki ular o‘zlarini to‘liq Egamizning qonunlarini bajarishga bag‘ishlasinlar”, deb farmon berdi. Farmon berilgach, xalq bug‘doyning, sharob, zaytun moyi, asal va dalada yetishitirilgan donlarning birinchi hosilidan mo‘l qilib, olib keldilar. Ular olib kelgan hamma narsaning ushri nihoyatda mo‘l edi. Yahudo shaharlarida yashagan Isroil va Yahudo xalqi mol–qo‘ylarining ushrini hamda Egasi Xudoga atab bag‘ishlangan in’omlarning ushrini olib kelib, uyum–uyum qildilar. Xalq in’omlar olib kelishni uchinchi oyda boshlab, yettinchi oyda tugatdi. Hizqiyo va uning a’yonlari kelib uyum–uyum in’omlarni ko‘rishgach, Egamizga hamdu sano aytib, Isroil xalqini duo qilishdi. Hizqiyo ruhoniylar va levilardan bu in’omlar haqida so‘raganda, Zodo‘x xonadonidan bo‘lgan oliy ruhoniy Ozariyo Hizqiyoga shunday javob berdi: “Xalq in’omlarni Egamizning uyiga olib kela boshlaganidan beri, yetarlicha ozuqamiz bor. Juda ko‘p ortib qolgani ham bor. Ha, Egamiz O‘z xalqiga baraka berdi, ortganning ko‘pligini bir ko‘rib qo‘ying.” Shunda Hizqiyoning buyrug‘i bilan Egamiz uyining hovlisida omborxonalar qurildi. Bu omborxonalarga hamma hadyalar, ushrlar va bag‘ishlangan in’omlar qo‘yildi. Bularga nazoratchi qilib levi Xonaniyo, uning yordamchisi qilib ukasi Shimax tayinlandi. Ularning qo‘li ostida quyidagi o‘nta levi ishlaydigan bo‘ldi: Yoxiyol, Ozaziyo, Naxat, Osoyil, Yarimo‘t, Yo‘zabad, Eliel, Yismaxiyo, Maxat va Binayo. Bularning hammasi shoh Hizqiyo va oliy ruhoniy Ozariyo tomonidan tayinlangan edilar. Ma’badning sharqiy darvozasi darvozaboni Kori Xudoga ko‘ngildan qilingan nazrlar uchun mas’ul edi. Kori levi Yimnaxning o‘g‘li edi. Uning vazifasi Egamizga atalgan in’omlarni va eng muqaddas nazrlarni ruhoniylar va levilarga bo‘lib berish edi. Uning sodiq yordamchilari Eden, Minyomin, Yeshuva, Shamayo, Emoriyo va Shaxaniyo edilar. Ular ruhoniylarga qarashli shaharlarda xizmat qilib, u yerdagi ruhoniylarning oilalariga guruhlari bo‘yicha ulush taqsimlab berishar edi. Yoshu qariga bir xil ulush ajratishardi: Egamizning uyidagi xizmatni guruhlari bo‘yicha bajaradigan hamma erkaklarga, shuningdek, nasabnomada nomlari qayd etilgan uch va undan yuqori yoshdagi o‘g‘il bolalarga ulush berishardi. Ular xonadonlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan ruhoniylarga, shuningdek yigirma va undan yuqori yoshdagi levilarga ulush ajratishardi. Levilarning ro‘yxati bajaradigan vazifalari va guruhlari asosida tuzilgan edi. Nasabnomada nomilari qayd etilgan hamma erkaklarning oilalariga — chaqaloq, xotin, o‘g‘il–qizlariga ham ulush berilardi. Zotan ular o‘zlarini sadoqat bilan poklar edilar. Shaharlarning chetlarida istiqomat qilgan, Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga kelsak, ularga ham ulush tarqatadigan odamlar tayinlangan edi. Bu odamlar ruhoniy urug‘idan bo‘lgan har bir erkak zotiga va ro‘yxatga olingan har bir leviga ulush berishar edi. Shu yo‘sin, Hizqiyo butun Yahudo bo‘ylab ulush tarqatish vazifasini uddaladi. U Egasi Xudo oldida yaxshi, to‘g‘ri va halol ishlar qildi. Ma’bad xizmatiga, Xudoning qonunlari va amrlariga oid qilgan har bir ishini Xudoga intilgan holda, chin yurakdan qilgani uchun, ko‘p muvaffaqiyatga erishdi. Shoh Hizqiyo sadoqat bilan bajargan bu ishlaridan keyin, Ossuriya shohi Sanxariv Yahudoga bostirib keldi. U mustahkam shaharlarni egallab olish maqsadida ularni qamal qildi. Sanxariv Quddusga jang qilmoqchi bo‘lganini Hizqiyo ko‘rgach, lashkarboshilari va jangchilariga maslahat soldi. Ular shahar tashqarisidagi buloqlar oqimini to‘xtatishga qaror qildilar. Ko‘p sonli xaloyq to‘planib: “Nimaga endi Ossuriya shohlari kelib, mo‘l–ko‘l suvga ega bo‘lar ekan”, deya hamma buloqlarni va hududdan oqib o‘tgan irmoqni to‘xtatishdi. Hizqiyo qat’iyat bilan ishga kirishib, buzilgan devorni qurdirdi, devor ustiga minora o‘rnatdi. Shahar devorining tashqarisidan yana bir devor ko‘tartirdi. Shuningdek, Dovud qal’asining sharqidagi to‘ldirilgan pastlik ustidagi istehkomlarni tuzattirdi, ko‘plab qurol–aslaha va qalqonlar yasattirdi. Shahardagi hamma erkaklar ustidan lashkarboshilar tayinlab, ularni shahar darvozasi oldidagi maydonga to‘pladi. Hammalariga dalda berib, shunday dedi: “Dadil va botir bo‘linglar, qo‘rqmanglar. Ossuriya shohi va uning to‘dalari oldida vahimaga tushmanglar, chunki buyuk kuch biz tomonda, ular tomonda emas. Ular tomonda insoniy qudrat bo‘lsa, biz tomonda Egamiz Xudodir. U bizga yordam beradi, biz uchun jang qiladi.” Yahudo shohi Hizqiyoning so‘zlaridan xalq ruhlanib ketdi. Ossuriya shohi Sanxariv jamiki lashkari bilan Laxish shahrini qamal qilgan paytda, o‘z a’yonlarini Quddusga — Yahudo shohi Hizqiyo va Quddus aholisi oldiga quyidagi xabar bilan jo‘natdi: “Ossuriya shohi Sanxariv shunday demoqda: — Sizlar o‘zi nimangizga ishonyapsizlar, qamalda qolgan Quddusda hanuz o‘tiribsizlar? Ossuriya shohi qo‘lidan Egamiz Xudo bizni qutqaradi, deb Hizqiyo sizlarni aldamasin. U sizlarni ochligu tashnalikdan halok qilmoqchi! Egangizning sajdagohlarini va qurbongohlarini yo‘q qilgan Hizqiyoning o‘zi emasmi?! U Yahudo xalqi va Quddusliklarga: “Faqat bitta qurbongoh oldida sajda qilinglar, yolg‘iz o‘shaning ustida qurbonliklar keltiringlar”, deb aytgan. Nahotki men va otalarim boshqa yurtlarning xalqlariga nimalar qilganini bilmasangiz?! O‘sha xalqlarning xudolari qani?! Birortasi o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara oldimi?! Mening ota–bobolarim yer yuzidan supurib tashlagan qaysi bir xalqning xudosi o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara olibdiki, Xudoyingiz sizni qutqara olsa?! Endi Hizqiyoning aldovlariga uchmanglar, u sizlarni yo‘ldan urmasin. Unga ishonmanglar, biror xalqning yoki shohlikning xudosi o‘z xalqini mening qo‘limdan yoki otalarimning qo‘lidan qutqara olmagan. Xudoyingiz kim bo‘libdiki, sizlarni mening qo‘limdan qutqara olsa.” Sanxarivning a’yonlari gapida davom etib, Parvardigor Egamiz va Uning quli Hizqiyoni haqoratladilar. Shoh Sanxariv yozgan maktubida ham Isroil xalqining Xudosi — Egamizni tahqirlab, Uni shunday so‘zlar bilan masxara qilgan edi: “Boshqa yurtlarning xudolari o‘z xalqlarini mening qo‘limdan qutqara olmagani singari Hizqiyoning xudosi ham o‘z xalqini mening qo‘limdan qutqara olmaydi.” A’yonlar bu gaplarini ibroniy tilida devor ustida turgan Quddus xalqiga baqirib aytdilar. Ular Quddusni qo‘lga kiritish niyatida aholini vahimaga solib, qo‘rqitib qo‘ymoqchi edilar. Quddus Xudosini boshqa xalqlarning xudolari qatorida ko‘rdilar, U to‘g‘risida xuddi inson qo‘li bilan yaratilgan butlar haqida gapirganday gapirdilar. Shoh Hizqiyo va Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambar Xudoga iltijo qilib yordam so‘radilar. Egamiz farishtasini jo‘natgan edi, farishta Ossuriya shohi qarorgohidagi hamma bahodir jangchilarni, lashkarboshilarni va a’yonlarni qirib tashladi. Sanxariv sharmandalarcha o‘z yurtiga qaytib ketdi. U o‘z xudosining uyiga kirganda, o‘g‘illarining ba’zilari unga qilich urib o‘ldirdilar. Shunday qilib, Egamiz shoh Hizqiyoni va Quddus aholisini Ossuriya shohi Sanxarivning qo‘lidan va butun g‘animlari qo‘lidan qutqardi. Hizqiyoga Egamiz har tarafdan osoyishtalik ato qildi. Ko‘p odamlar Quddusga kelib, Egamizga nazrlar, Yahudo shohi Hizqiyoga qimmatbaho tortiqlar olib keldilar. O‘sha paytdan boshlab hamma xalqlar Hizqiyoni yuksak darajada hurmat qiladigan bo‘ldilar. O‘sha kunlarda Hizqiyo tuzalmas xastalikka yo‘liqib, o‘lim to‘shagiga yotib qoldi. U Egamizga ibodat qilgan edi, Egamiz unga javob berib, xastaligidan tuzalishini tasdiqlaydigan bir alomat ko‘rsatdi. Ammo Hizqiyo noshukurchilik qilib, o‘zini mag‘rur tutgani uchun o‘z boshiga hamda Yahudo va Quddus ustiga Egamizning g‘azabini keltirdi. Nihoyat, Hizqiyo va Quddus aholisi yuragidagi mag‘rurlikni tashladi. Shu sababdan Egamiz shoh Hizqiyo davrida xalqqa g‘azabini sochmadi. Hizqiyo boy–badavlat bo‘lib, yuksak obro‘ga erishdi. U o‘zining kumushlari, oltin, qimmatbaho toshlari, ziravorlari, qalqonlari va hamma qimmatli buyumlari uchun xazinalar qurdirdi. Bug‘doy, sharob va zaytun moylari uchun omborxonalar, barcha turdagi mollari uchun og‘ilxonalar, qo‘ylari uchun qo‘tonlar qurdirdi. Ko‘plab shaharlar bunyod etib, poda va suruvlarini ko‘paytirdi, chunki Xudo unga behad boylik bergan edi. Hizqiyo Gixo‘n bulog‘ining yuqori qismini berkitib, qazdirgan quvur orqali suvni Quddus ichiga olib kirdi. U hamma ishlarida muvaffaqiyatga erishdi. Biroq Bobil shahzodalari Yahudo yurtida yuz bergan mo‘jizali alomat to‘g‘risida so‘rash uchun o‘z elchilarini Hizqiyo huzuriga jo‘natganlarida, Xudo Hizqiyoni o‘z holiga qo‘yib qo‘ygandi. Xudo Hizqiyoni sinab, uning dilidagi asl niyatlarini bilmoqchi edi. Hizqiyoning boshqa ishlari, qilgan yaxshiliklari Yahudo va Isroil shohlari kitobidagi Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambarning vahiysida yozilgan. Hizqiyo olamdan o‘tib, Dovud nasli xilxonasining to‘riga dafn qilindi. Hizqiyo vafot etganda, butun Yahudo xalqi va Quddus aholisi unga izzat–hurmat ko‘rsatdi. Uning o‘rniga o‘g‘li Manashe shoh bo‘ldi. Manashe o‘n ikki yoshida shoh bo‘lib, Quddusda ellik besh yil hukmdorlik qildi. U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Egamiz O‘z xalqi Isroilning oldidan quvib yuborgan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashdi. Otasi Hizqiyo buzib tashlagan sajdagohlarni qaytadan barpo etdi, Baalga atab qurbongohlar qurdi, Asheraga atab ustunlar o‘rnatdi. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib xizmat etdi. Manashe Egamizning ulug‘lanishi kerak bo‘lgan uyida begona xudolarga atab, qurbongohlar qurdi. Egamiz uyining ikkala hovlisida ham jamiki samoviy jismlarga sajda qilish uchun qurbongohlar barpo qildirdi. O‘g‘lini Xinnum soyligida olovda kuydirib qurbonlik qildi, follar ochtirdi, ta’birchilarga e’tiqod qildi, sehr–jodu bilan shug‘ullandi, arvoh chaqiruvchilarga maslahat soldi. Egamiz oldida ko‘p qabih ishlar qilib, Uni g‘azablantirdi. O‘zi yasattirgan butni Xudoning uyiga o‘rnatdi. Xudo bu uy to‘g‘risida Dovud bilan uning o‘g‘li Sulaymonga shunday degan edi: “Men bu uyni va Quddusni Isroil qavmlari yashaydigan maskanlar orasidan tanlab olganman. Men to abad o‘sha yerda ulug‘lanaman. Ular amrlarimni bitta qoldirmay bajarsalar, qulim Muso orqali bergan qonun–qoida va talablarimga rioya qilsalar, Isroil xalqining ota–bobolariga Men belgilagan yerdan haydalishlariga yo‘l qo‘ymayman.” Manashe Yahudo xalqini va Quddus ahlini shu qadar yo‘ldan ozdirdiki, ular Kan’on yurtidan Egamiz yo‘qotib yuborgan xalqlardan ham ko‘ra, ko‘proq qabih ishlar qildilar. Egamiz shoh Manasheni va uning xalqini ogohlantirdi, lekin ular quloq solmadilar. Shuning uchun Egamiz ularga qarshi Ossuriya lashkarboshilarini jo‘natdi. Ular Manasheni asirga oldilar, burnidan halqa o‘tqazib, uni zanjirband qildilar va Bobilga olib keldilar. U kulfatda qolgach, Egasi Xudodan shafqat so‘rab iltijo qildi, ota–bobolarining Xudosiga bo‘yin egdi. Iltijo qilganda, Xudo Manashening iltijosini qabul qildi, uni yana Quddusga — o‘z shohligiga qaytardi. Shunda Manashe, Egamiz haqiqatan ham Xudo ekanligini bildi. Shundan keyin Manashe Dovud qal’asining sharq tomonidagi tashqi devorini tuzatib, uni baland qilib ko‘tartirdi. Bu devor Qidron soyligidagi Gixo‘n bo‘log‘idan to shimoldagi Baliq darvozasigacha va shaharning Ofel degan qismigacha cho‘zilgan edi. Manashe Yahudoning hamma mustahkam shaharlariga lashkarboshilar tayinladi. Egamizning uyidan begona xudolarning tasvirlarini va o‘zi o‘rnatgan butni olib tashladi, Egamizning uyi turgan tog‘da va Quddusning boshqa joylarida o‘zi qurdirgan qurbongohlarni buzdirib, shahar tashqarisiga chiqartirdi. So‘ng Egamizning qurbongohini qaytadan qurdirib, qurbongoh ustida tinchlik qurbonliklari va shukrona qurbonliklarini atadi. Yahudo xalqiga: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga sajda qilinglar”, deb farmon berdi. Xalq boshqa sajdagohlarda qurbonlik qilishda davom etdi. Ammo qilgan barcha qurbonliklarini ular Egasi Xudoga atar edilar. Manashening boshqa ishlari, Xudoga qilgan ibodati, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomidan valiylar unga bergan xabarlar “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Uning iltijosi va Xudoning bergan javobi, tavba qilmasdan oldin qilgan hamma gunohlari va Xudoga qilgan xiyonati, qurdirgan sajdagohlar, Asheraning ustunlari va sig‘ingan butlar to‘g‘risida valiylar kitobida yozilgan. Manashe olamdan o‘tib, o‘z uyida dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Omon shoh bo‘ldi. Omon shoh bo‘lganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda ikki yil hukmdorlik qildi. Omon ham, otasi Manashe kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Otasi Manashe yasattirgan hamma butlarga qurbonlik qilib, xizmat etdi. Otasi Manashe Egamizga bo‘yin eggan bo‘lsa, Omon Egamizga bo‘yin egmadi, otasidan ham ko‘proq gunoh orttirdi. Omonning a’yonlari fitna uyushtirib, uni o‘z saroyida o‘ldirdilar. Yahudo xalqi o‘z shohi Omonga fitna uyushtirganlarning hammasini o‘ldirib, o‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyoni shoh qilib ko‘tardilar. Yo‘shiyo sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘ttiz bir yil hukmdorlik qildi. U Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. O‘ngga ham, chapga ham og‘masdan, bobosi Dovudning yo‘lidan yurdi. Hukmronligining sakkizinchi yilida, yoshligidan bobosi Dovudning Xudosiga intila boshladi. Hukmronligining o‘n ikkinchi yilida esa Yahudo va Quddusni sajdagohlardan, Asheraning ustunlaridan, o‘yma va quyma butlardan tozalay boshladi. Uning ko‘rsatmasi bilan Baalning qurbongohlari buzdirildi, bu qurbongohlarning yonidagi tutatqi qurbongohlari ham sindirib tashlandi. Asheraning ustunlari, shuningdek, o‘yma va quyma butlar parchalanib, bo‘laklari o‘sha butlarga qurbonlik qilganlarning qabrlari ustiga sochib tashlandi. Yo‘shiyo butparast ruhoniylarning suyaklarini o‘zlari sajda qilgan qurbongohlar ustida yoqdi. Shunday qilib, u Yahudo va Quddusni pokladi. Shimoldagi Naftali hududigacha bo‘lgan Manashe, Efrayim va Shimo‘n shaharlaridagi va bularning atrofidagi vayronalardagi qurbongohlarni sindirdi, Asheraga atalgan ustunlarni kesdi, butlarni parchalab tashladi. Isroil yurti bo‘ylab hamma tutatqi qurbongohlarini buzdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi. Yo‘shiyo yurtni va Egamizning uyini poklagandan keyin, hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida Ozaliyo o‘g‘li Shofonni, Quddus hokimi Masiyoni va mushovir Yo‘xoz o‘g‘li Yo‘xni Egasi Xudoning uyini tuzatishga yubordi. Ular oliy ruhoniy Xilqiyoning oldiga kelib, Xudoning uyiga keltirilgan kumushni unga topshirdilar. Levi darvozabonlari bu kumushni Manashe, Efrayim va Isroil xalqining omon qolganlaridan, shuningdek, Yahudo, Benyamin qabilalaridan va Quddus aholisidan to‘plab olgan edilar. Ular kumushni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga topshirdilar. Ishboshilar esa kumushni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni tuzatib ta’mir etayotganlarga to‘ladilar. Qolganini esa duradgor va binokorlarga berdilar. Ular bu kumushga Yahudo shohlari qarovsiz qoldirgan xarob binolarni tuzatish uchun tosh va yog‘ochlarni sotib oldilar. Ishchilar sidqidildan mehnat qildilar. Ularga nazoratchi qilib Marori naslidan levilar Yaxat va Obodiyo tayinlandi, Qohot urug‘idan esa levilar Zakariyo va Mashullom tayinlandi. Musiqa asboblarini chaladigan hamma levilar yuk tashuvchilarga hamda turli xizmatdagi ishchilarga mas’ul edilar. Levilarning ba’zilari esa kotib, ma’mur va darvozabon edilar. Egamizning uyidagi kumush olib chiqilayotganda, ruhoniy Xilqiyo Egamizning Muso orqali bergan Tavrot kitobini topib oldi. U kotib Shofonga: — Egamizning uyidan Tavrot kitobi topib oldim, — deb kitobni Shofonga berdi. [16-17] Shofon esa kitobni shohga olib borib: “Qullaringiz topshirilgan hamma ishlarni bajaryaptilar. Egamizning uyidagi kumushlar o‘sha yerdagi ishboshilarga va ishchilarga berildi, — deya hisobot bergach, *** — Ruhoniy Xilqiyo mana bu kitobni menga berdi”, deb qo‘shimcha qildi, so‘ng Tavrot kitobini shohga ovoz chiqarib o‘qib berdi. Shoh Tavrot so‘zlarini eshitgach, vahimaga tushganidan kiyimlarini yirtdi. Keyin ruhoniy Xilqiyoga, Shofon o‘g‘li Oxixamga, Mixo o‘g‘li Abdo‘nga, kotib Shofonga va o‘zining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi: — Boringlar, topilgan bu kitobdagi so‘zlarga muvofiq, men to‘g‘rimda ham, Isroil va Yahudo xalqlarining omon qolganlari to‘g‘risida ham Egamizning xohish–irodasini so‘ranglar. Otalarimiz bu kitobdagi so‘zlarga quloq solmaganlari uchun, yozilganlarga rioya qilmaganlari uchun, Egamizning dahshatli g‘azabi bizning ustimizga yog‘ildi. Ruhoniy Xilqiyo va shoh jo‘natgan odamlar payg‘ambar Xulda huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallunning xotini edi. Shallun Toqqatning o‘g‘li, Xasraning nabirasi edi. Xulda Quddusning yangi dahasida yashardi. Xulda ularga shunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz demoqda: — Sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar: “Men bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman. Yahudo shohi huzurida o‘qilgan kitobdagi hamma la’natlarni yog‘diraman. Ular Mendan yuz o‘girganlari uchun, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, o‘z qo‘llari bilan yasagan butlar tufayli qahrimni keltirganlari uchun, bu yurtga g‘azabim yog‘iladi va aslo bosilmaydi.” Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz eshitgan so‘zlaring to‘g‘risida shuni aytmoqda: — Sen bu yurtga va yurtning xalqiga qarshi aytgan so‘zlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga bo‘yin egding. Sen Menga bo‘yin egganing uchun, liboslaringni yirtib, huzurimda yig‘laganing uchun Men iltijolaringni eshitdim. Shunga ko‘ra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, o‘z qabringga dafn etilasan. Bu yurtga va uning ahliga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen ko‘rmaysan.” Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga yetkazdilar. Shoh Yo‘shiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini o‘z huzuriga to‘pladi. Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, levilar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Ahd kitobini boshidan oxirigacha ularning oldida o‘qidi. U Egamizning uyi eshigi oldidagi o‘z joyida turib: “Egamiz ko‘rsatgan yo‘ldan yuraman, amrlariga itoat etaman. Shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman. Bu kitobda yozilgan ahd so‘zlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi. So‘ngra u Benyamin qabilasiga va Quddusdagi hamma odamlarga bu ahdga rioya qilish to‘g‘risida farmon berdi. O‘sha kundan boshlab Quddus aholisi ota–bobolarining Xudosi bilan qilgan ahd talablarini bajara boshladilar. Yo‘shiyo Isroil xalqiga qarashli hamma hududlardan makruh butlarni yo‘qotdi. Isroil xalqining hammasini Egasi Xudoga sajda qildirdi. Uning davrida xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz o‘girmay, Unga xizmat qildi. Shoh Yo‘shiyo Quddusda Egamizning sharafiga Fisih ziyofatini nishonladi. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni Fisih qo‘zilari qurbonlik qilindi. Yo‘shiyo ruhoniylarni xizmatga tayinlab, Egamizning uyidagi xizmatga ularni rag‘batlantirdi. So‘ng Egamizga bag‘ishlangan va xalqqa ta’lim bergan levilarga dedi: “ Muqaddas sandiqni Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymon qurgan Egamizning uyiga olib kiringlar. Sandiqni bundan buyon yelkangizda ko‘tarib yurishingizning ehtiyoji yo‘q. Endi Egangiz Xudoga va Uning xalqi Isroilga xizmat qilinglar. Shoh Dovudning va o‘g‘li Sulaymonning yozgan ko‘rsatmalariga muvofiq, xonadoningiz va guruhlaringiz bo‘yicha xizmatga tayyorlaninglar. Muqaddas maskanga shunday tartibda joylashinglarki, toki Isroil xalqining birorta xonadoni e’tiboringizdan chetda qolib ketmasin. Fisih qo‘zisini so‘yib, o‘zingizni poklanglar. So‘ng yurtdoshlaringiz uchun Fisih qo‘zilarini tayyorlab beringlar. Xullas, Egamizning Muso orqali bergan ko‘rsatmalariga rioya qilinglar.” Shoh Yo‘shiyo bu yerda hozir bo‘lgan xalqqa Fisih qurbonliklari uchun 30.000 ta qo‘zi va uloqchani, 3.000 ta buqani berdi. Bularning hammasi shohning shaxsiy mulkidan edi. Shohning a’yonlari ham xalqqa, ruhoniy va levilarga qurbonliklar uchun ko‘ngildan chiqarib hayvonlarni berdilar. Xudoning uyida xizmat qiluvchilarning boshliqlari Xilqiyo, Zakariyo va Yoxiyol ruhoniylarga Fisih qurbonliklari uchun 2.600 ta qo‘zi bilan uloqcha va 300 ta buqa berdilar. Xonaniyo, uning ukalari Shamayo va Natanil, levilarning yo‘lboshchilari Xashaviyo, Yaviyol va Yo‘zabad Fisih qurbonliklari uchun levilarga 5.000 ta qo‘zi bilan uloqcha va 500 ta buqa berdilar. Fisih marosimiga oid tayyorgarliklar tugagach, ruhoniylar bilan levilar shohning buyrug‘iga binoan o‘z joylarini egalladilar. Levilar Fisih qo‘zilarini bo‘g‘izlab, qonini ruhoniylarga berdilar. Ruhoniylar qonni qurbongohga sepdilar. Levilar esa qo‘zilarning terisini shilishga kirishdilar. Ular kuydiriladigan qurbonliklar uchun qo‘zi va buqalarni odamlarga xonadonlari bo‘yicha taqsimlab berdilar. Toki har bir xonadon o‘ziga tegishli qurbonligini Musoning Tavrotidagi ko‘rsatmalarga binoan keltirsin. Levilar qonun–qoidaga muvofiq, Fisih qo‘zilarini olovda pishirdilar, muqaddas qurbonliklar go‘shtini esa tog‘oralarda, qozonlarda va tovalarda qaynatdilar. Go‘sht tayyor bo‘lgach, uni darrov xalqning oldiga dasturxonga tortdilar. Shundan so‘nggina levilar o‘zlari uchun va ruhoniylar uchun Fisih taomini tayyorlashga kirishdilar. Negaki, Xorun naslidan bo‘lgan ruhoniylarning qo‘li kechgacha bo‘shamadi, ular kuydiriladigan qurbonliklarni va yog‘larni kuydirish bilan ovora edilar. Osif naslidan bo‘lgan qo‘shiqchilar shoh Dovudning, Osif, Xaman va shohning valiysi Yodutunning ko‘rsatmasiga binoan o‘z joylarida turdilar. Ma’bad darvozabonlar ham o‘z joylaridan siljimadilar. Levi birodarlari ularga Fisih taomini tayyorlaganlari uchun xizmatlarini to‘xtatishga zarurat bo‘lmadi. Shunday qilib, o‘sha kuni shoh Yo‘shiyoning farmoniga ko‘ra, Egamizga bag‘ishlangan hamma xizmatlar bajarildi. Fisih ziyofati nishonlanib, Egamizning qurbongohida kuydiriladigan qurbonliklar keltirildi. Isroil xalqi Fisih ziyofatini va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonladi. Payg‘ambar Shomuil davridan buyon Isroilda Fisih ziyofati bu singari nishonlanmagan edi. Isroil shohlaridan birortasi Yo‘shiyo singari Fisih ziyofatini ruhoniylar, levilar, jamiki Yahudo va Isroil xalqi hamda Quddus aholisi ishtirokida nishonlamagan edi. Bu Fisih ziyofati shoh Yo‘shiyo hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida nishonlandi. Bu voqealardan so‘ng, Yo‘shiyo Ma’badni tartibga solib bo‘lgach, Misr shohi Nexo jang qilgani Furot daryosi bo‘yidagi Karxamish shahriga lashkarini boshlab keldi. Yo‘shiyo unga qarshi otlandi. Lekin Nexo Yo‘shiyoga elchilar orqali shunday xabar yubordi: “Ey Yahudo shohi! Sen bu jangga aralashma! Men senga emas, o‘z dushmanlarimga qarshi urushga otlandim. Xudo menga, shoshil, deb amr berdi. Xudo men tomonda, Unga qarshilik qilishni bas qil, aks holda nobud bo‘lasan.” Ammo Yo‘shiyo jang qilishdan qaytmadi. Xudoning Nexo orqali aytgan so‘zlariga quloq solmadi. Shohona kiyimlarini o‘zgartirib, Maxido‘ tekisligida jangga kirdi. Jang paytida Misr kamonchilari shoh Yo‘shiyoga o‘q otdilar. Shunda shoh a’yonlariga: “Meni bu yerdan olib chiqinglar, og‘ir yaralandim”, dedi. A’yonlar Yo‘shiyoni jang arvasidan olib, boshqa jang aravasiga soldilar–da, Quddusga olib keldilar. Yo‘shiyo shu yerda vafot etdi. U ota–bobolarining xilxonasiga dafn qilindi. Butun Yahudo va Quddus aholisi Yo‘shiyo uchun aza tutdi. Yeremiyo payg‘ambar shoh Yo‘shiyoga atab marsiya aytdi. Shu kunga qadar erkak va ayol qo‘shiqchilar Yo‘shiyoni xotirlaganlarida shu marsiyani aytishadi, bu Isroilda odat bo‘lib qoldi. Bu marsiya qo‘shig‘i “Marsiyalar” kitobi tarkibiga kiritilgan. Yo‘shiyoning boshqa ishlari, Egamizning qonuniga binoan olib borgan sodiq faoliyati, hayotidagi barcha voqealar, boshdan oxirigacha “Isroil va Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Yahudo xalqi Yo‘shiyoning o‘g‘li Yohuxozni otasining o‘rniga shoh qilib ko‘tardi. Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga o‘tirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. So‘ngra Misr shohi Nexo uni Quddus taxtidan tushirib, yurt xalqidan 200 pud kumush va 2 pud oltin o‘lpon talab qildi. Misr shohi Yohuxozning ukasi Eliyaqimni Yahudo va Quddusga shoh qilib tayinladi. Uning ismini o‘zgartirib Yohayiqim qo‘ydi. Akasi Yohuxozni esa Misrga olib ketdi. Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi. U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga hujum qildi. U Yohayiqimni zanjirband qilib Bobilga olib ketdi. Egamizning uyidagi bir qancha idishlarni ham Bobilga olib ketib, ularni Bobildagi saroyiga qo‘ydi. Yohayiqimning boshqa ishlari, uning qilgan jirkanch qilmishlari, hamma kamchiliklari “ Isroil va Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Uning o‘rniga o‘g‘li Yohayixin shoh bo‘ldi. Yohayixin sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda uch oyu o‘n kun hukmdorlik qildi. U Egamizning oldida qabih ishlar qildi. O‘sha yili bahorda shoh Navuxadnazar Yohayixinni hibsga olib, Bobilga olib ketdi. U bilan birga Egamizning uyidagi qimmatbaho idishlarni ham olib ketdi. Yohayixinning o‘rniga ukasi Zidqiyoni Yahudo va Quddus ustidan shoh qilib tayinladi. Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi. U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. Egamizning so‘zlarini ayon qilgan payg‘ambar Yeremiyoga bo‘yin egmadi. Shoh Navuxadnazar Zidqiyoga Xudoning nomi bilan sadoqat ontini ichdirgan bo‘lsa ham, Zidqiyo Navuxadnazarga qarshi isyon ko‘tardi. U qaysarlik qilib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga tavba qilishdan bosh tortdi. Bosh ruhoniylarning hammasi omma qatorida o‘zga xalqlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, Xudoga o‘ta bevafo bo‘ldilar. Shu yo‘sin, ular Egamizning O‘zi muqaddas qilgan Quddusdagi uyni bulg‘adilar. Ota–bobolarining Xudosi — Egamiz O‘z xalqi va maskaniga rahm qilib, ularning oldiga qayta–qayta payg‘ambarlarini jo‘natdi. Lekin ular Xudoning elchilarini haqorat qilib, Xudoning so‘zlaridan nafratlandilar, payg‘ambarlarni masxara qildilar. Oxiri Egamiz O‘z xalqidan shu qadar g‘azablandiki, ular najotsiz qoldilar. Egamiz ularga qarshi Bobil shohini tortib keldi. Bobil shohi Ma’badda ularning yoshlarini qilichdan o‘tkazdi, na yosh erkakka, na ayolga, na keksaga, na xastaga shafqat qildi. Xudo Yahudo xalqining hammasini Bobil shohining qo‘liga bergan edi. Bobil shohi Xudoning uyidagi kattayu kichik buyumlarni, jamiki xazinani, shoh va uning a’yonlari xazinalarini, xullas, hamma narsani Bobilga olib ketdi. Xudoning uyiga esa o‘t quydi, Quddus devorini buzib tashladi, hamma hashamatli binolarni yondirdi, Quddusdagi hamma qimmatbaho ashyolarni yo‘q qilib tashladi. Qilichdan omon qolganlarini esa Bobilga surgun qildi. Fors shohligi qaror topgunga qadar Yahudo xalqi Bobil shohiga va uning avlodlariga qul bo‘lib qoldi. Yurt bo‘m–bo‘sh cho‘lga aylandi. Yerga dam berilmagan yillarning soni to‘lgunicha, yetmish yil davomida tashlandiq bo‘lib yotdi. Shunday qilib, Egamizning Yeremiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari amalga oshdi. Fors shohi Kurush hukmronligining birinchi yilida Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan so‘zlari bajo bo‘lishi uchun, Egamiz shoh Kurushning ruhini qo‘zg‘atdi. Shunday qilib, Kurush o‘z shohligining hamma tomoniga xabarchilar jo‘natdi va yozma farmonda quyidagilarni e’lon qildi: “Fors shohi Kurush shunday demoqda: — Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddusda O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi. Xudoning xalqidan bo‘lgan har bir kimsa Quddusga borsin, Egasi Xudo unga yor bo‘lsin.” Egamizning Yeremiyo orqali aytganlarini bajo qilish uchun Fors shohi Kurushning ruhini qo‘zg‘atdi. Bu voqea Kurush hukmronligining birinchi yilida sodir bo‘ldi. Shoh Kurush shohligining hamma tomoniga xabarchilar jo‘natib, yozma farmonda quyidagilarni e’lon qildi: “Fors shohi Kurush shunday demoqda: — Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddus shahrida O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi. Xudoning xalqidan bo‘lganlarga men ijozat beraman: ular Quddusga borishlari va Isroil xalqining Xudosi — Egamizning uyini qayta qurishlari mumkin. Quddusda sajda qilinadigan Xudo Udir. Isroil xalqiga o‘zlarining Xudosi yor bo‘lsin. Surgundagi yahudiylar yashaydigan hamma joyda shunday deb e’lon qilinsin: Quddusga qaytmaydigan yahudiylar qaytadigan yahudiylarga yordam bersin. Ularga kumush, oltin, safar uchun zarur buyumlar va chorva berishsin. Shuningdek, Xudoning Quddusdagi uyi qayta qurilishi uchun ko‘ngildan chiqarib nazrlar berishsin.” Shunday qilib, Yahudo va Benyamin qabilalarining urug‘boshilari, ruhoniylar va levilar, shuningdek, Xudo ruhlantirgan har bir odam Egamizning Quddusdagi uyini qayta qurish uchun safarga tayyorlandi. Barcha qo‘shnilari ularga chin ko‘ngildan chiqarib nazrlar berdilar. Bulardan tashqari, kumush idishlar, oltin, safar uchun buyumlar, chorva va boshqa qimmatbaho hadyalar berib yordam qildilar. Shoh Kurush Egamizning uyiga tegishli bo‘lgan buyumlarni olib kelishni buyurdi. Bu buyumlarni shoh Navuxadnazar Quddusdan olib kelib, o‘zining xudolari uyiga qo‘ygan edi. Shoh Kurush bu buyumlarni xazinabon Mitradot nazorati ostiga topshirtirdi. Mitradot esa bularni Yahudo yo‘lboshchisi Shashbazzarga sanab berdi. Buyumlarning ro‘yxati quyidagicha edi: oltin tog‘orachalar — 30 ta kumush tog‘orachalar — 1000 ta boshqa idishlar — 29 ta oltin kosalar — 30 ta kumush kosalar — 410 ta boshqa buyumlar — 1000 ta. Oltin va kumush buyumlarning jami 5400 ta edi. Shashbazzar boshqa asirlar qatorida Bobildan Quddusga qaytib ketayotganda, bu buyumlarning hammasini o‘zi bilan olib ketdi. [1-2] Bobil shohi Navuxadnazar asir qilib olib ketgan yahudiylarning bir qismi Quddusga va Yahudo yurtidagi o‘z shaharlariga qaytib kelib, o‘rnashdilar. Ular Zarubabel, Yoshua, Naximiyo, Sarayo, Raliyo, Mordaxay, Bilshon, Mispar, Big‘vay, Raxum va Banax boshchiligida qaytib kelgan edilar. Asirlikdan qaytib kelgan Isroil erkaklarining soni quyidagicha edi: *** Paro‘sh urug‘idan — 2172 ta erkak. Shafatiyo urug‘idan — 372 ta erkak. Orax urug‘idan — 775 ta erkak. Paxatmo‘ab, ya’ni Eshuva hamda Yo‘ab urug‘laridan — 2812 ta erkak. Elam urug‘idan — 1254 ta erkak. Zattu urug‘idan — 945 ta erkak. Zakkay urug‘idan — 760 ta erkak. Banix urug‘idan — 642 ta erkak. Bo‘vay urug‘idan — 623 ta erkak. Ozgad urug‘idan — 1222 ta erkak. Odonixam urug‘idan — 666 ta erkak. Big‘vay urug‘idan — 2056 ta erkak. Adin urug‘idan — 454 ta erkak. Oter, ya’ni Hizqiyo urug‘idan — 98 ta erkak. Bezay urug‘idan — 323 ta erkak. Yo‘ra urug‘idan — 112 ta erkak. Xashum urug‘idan — 223 ta erkak. Gibor urug‘idan — 95 ta erkak. Baytlahmlik — 123 ta erkak. Natufolik — 56 ta erkak. Onoto‘tlik — 128 ta erkak. Ozmobitlik — 42 ta erkak. Xirat–Arimlik, Xafiralik va Bero‘tlik — 743 ta erkak. Ramalik va G‘ibolik — 621 ta erkak. Mixmashlik — 122 ta erkak. Baytillik va Aylik — 223 ta erkak. Navolik — 52 ta erkak. Maxbishlik — 156 ta erkak. Elamlik— 1254 ta erkak. Xarimlik — 320 ta erkak. Lo‘dlik, Hodidlik va Ono‘lik — 725 ta erkak. Yerixolik — 345 ta erkak. Sanolik — 3.630 ta erkak. Asirlikdan qaytib kelgan ruhoniylarning soni quyidagicha edi: Yoshua naslining Yodiyo urug‘idan — 973 ta erkak. Immar urug‘idan — 1052 ta erkak. Pashxur urug‘idan — 1247 ta erkak. Xarim urug‘idan — 1017 ta erkak. Asirlikdan qaytib kelgan levilar urug‘larining soni quyidagicha edi: Xo‘daviyo naslidan bo‘lgan Yeshuva hamda Kadmil urug‘idan — 74 ta erkak. Osif urug‘idan bo‘lgan qo‘shiqchilar — 128 ta erkak. Shallum, Oter, Talmo‘n, Oqquv, Xatita va Sho‘vay urug‘laridan bo‘lgan Ma’bad darvozabonlari, hammasi bo‘lib — 139 ta erkak. Asirlikdan qaytib kelgan Ma’bad xizmatkorlarining urug‘lari quyidagilar edi: Zixo, Xasufa, Tabbayo‘t, Kerosh, Siyoho, Pado‘n, Lavon, Xagava, Oqquv, Xagav, Shamlay, Xanon, Giddol, Gaxar, Rayo, Ratan, Nakudo, G‘azzom, Uzzo, Posiyox, Besay, Osnax, Munim, Nafusim, Bobuh, Xakufa, Xorxur, Bazulut, Maxido, Xarsha, Borkis, Sisaro, Tamax, Naziyo, Xatifa. Sulaymon qarollarining asirlikdan qaytib kelgan urug‘lari quyidagilar edi: So‘tay, Haso‘farat, Parudo, Yalox, Darxun, Giddol, Shafatiyo, Xattil, Paxarathazzavoyim, Omay. Ma’bad xizmatkorlari va Sulaymonning qarollari urug‘laridan bo‘lganlarning jami 392 kishi edi. Quyidagilar Tel–Malax, Tel–Xarsha, Xarub, Adon va Immar shaharlaridan kelgan edilar, lekin o‘zlarining urug‘boshisi Isroil avlodiga mansubligini isbotlay olmasdilar: Daloyo, To‘viyo va Nakudo urug‘lari — 652 kishi. [61-62] Quyidagi ruhoniylar urug‘lari o‘z nasabnomasini topa olmadilar: Xavayo, Xakko‘z va Borzulay urug‘lari (Borzulayning bobosi Giladlik Borzulay degan odamning qiziga uylangan bo‘lib, bu urug‘ o‘sha ayolning urug‘i nomi bilan yuritilar edi). Shu sababdan xizmat qilishga nopok hisoblanib, ruhoniylikka qabul qilinmadilar. *** Yahudo hokimi ularga shunday dedi: “Birorta ruhoniy Xudodan Urim va Tummim orqali ruhoniy ekanligingizni so‘rab, tasdiqlamaguncha, sizlar nazrlarning ruhoniylarga tegishli ulushidan tanovul qilmaysizlar.” Bu jamoa jami 42.360 kishidan iborat edi. Bulardan tashqari, qul va cho‘rilari — 7.337 kishi, qul va cho‘ri qo‘shiqchilar 200 kishi edi. Jamoaning 736 ta oti, 245 ta xachiri, 435 ta tuyasi, 6.720 ta eshagi bor edi. Asirlar jamoasi Quddusga — Egamiz uyining vayronalari oldiga kelishdi. Shu zahoti, ba’zi urug‘boshilar Xudoning uyini oldingi o‘rnida qayta tiklash uchun ko‘ngildan chiqarib nazrlar keltirdilar. Har biri qurbi yetgancha nazr atadi. Ular qurilish uchun jami 61.000 oltin tanga, 190 pud kumush va ruhoniylar uchun 100 ta ko‘ylak berdilar. Ruhoniylar, levilar, qo‘shiqchilar, Ma’bad darvozabonlari, Ma’bad xizmatkorlari va xalqdan bir qanchasi Quddusga hamda uning atrofidagi shaharlarga o‘rnashib oldilar. Isroil xalqining qolganlari esa o‘z shaharlariga borib joylashdilar. Isroil xalqi o‘z shaharlariga o‘rnashib olganlardan keyin, yettinchi oyda hammasi Quddusda yig‘ilishdi. Yohuzadax o‘g‘li Yoshua, uning ruhoniy hamkorlari va Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel urug‘–aymog‘i bilan birgalikda Isroil xalqining Xudosiga atalgan qurbongohni qaytadan qurdilar. Ularning maqsadi: Xudoning odami — Musoning Tavrotida yozilgan amrlarga muvofiq, qurbongohda kuydiriladigan qurbonliklarni keltirish edi. Ular mahalliy xalqlardan qo‘rqardilar, ammo shunga qaramay, qurbongohni oldingi poydevori ustiga qurdilar. Qurbongohning ustida har kuni ertalab va kechqurun Egamizga qurbonliklarni kuydirib nazr qildilar. So‘ngra Musoning qonunida yozilgani singari, Chayla bayramini nishonladilar. Har bir bayram kuniga oid qurbonliklar qilib, kuydirdilar. Ular kunda kuydiriladigan qurbonliklardan tashqari, har oyda nishonlanadigan yangi oy shodiyonasida va yil davomida Egamizga atab nishonlanadigan bayramlarda qurbonliklar keltirdilar. Shuningdek, ko‘ngildan chiqarib qurbonliklar olib keldilar. Xullas, odamlar yettinchi oyning birinchi kunidan boshlab, Egamizga kuydiriladigan qurbonliklarni keltira boshlagan edilar. Lekin Egamizning Ma’badi poydevori hali yotqizilmagan edi. Xalq tosh yo‘nuvchilarni va duradgorlarni pul bilan ta’minlab turdi. Ular Fors shohi Kurushning ijozati bilan O‘rta yer dengizi orqali Lubnondan Yaffa shahriga sadr yog‘ochlarini keltirdilar. Yog‘ochlarni olib kelgan Sidonliklar va Tirliklarga yegulik, ichimlik va zaytun moyi berdilar. Asirlikdan qaytganlar Xudoning Quddusdagi uyi vayronalari oldiga kelganlariga bir yilu ikki oy bo‘lgach, ular Egamizning uyini qayta qurishni boshladilar. Qurilishda Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel, Yohuzadax o‘g‘li Yoshua, ularning birodarlari ruhoniy va levilar, shuningdek, asirlikdan qaytib kelgan hamma odamlar ishtirok etdi. Ular qurilish ishlarini nazorat qilish uchun yigirma va undan yuqori yoshdagi levilarni tayinladilar. Xudoning uyi qurilishini Yeshuva, uning o‘g‘illari va qarindoshlari, Kadmil va uning o‘g‘illari nazorat qilar edilar. (Yeshuva va Kadmil Xo‘daviyo naslidan edilar.) Ularga bu ishda levilarning Xanadod urug‘i yordam berar edi. Binokorlar Egamiz Ma’badining poydevorini yotqizib bo‘lganlaridan keyin, ruhoniylar o‘z liboslarini kiydilar. Isroil shohi Dovudning ko‘rsatmalariga muvofiq, ruhoniylar karnaylari bilan, Osif naslidan bo‘lgan levilar zanglari bilan, Egamizga hamdu sano aytish uchun o‘z joylarini egalladilar. Ular Egamizga hamdu sano va shukronalar aytib, shunday naqorat kuyladilar: “Egamiz yaxshidir, Uning Isroilga bo‘lgan sodiq sevgisi abadiydir.” Egamizning uyi poydevori yotqizilganidan, butun xalq baland ovoz bilan Egamizga hamdu sano aytdi. Odamlar xursandchilikdan baqirardi, Egamizning oldingi uyini ko‘rgan yoshi ulug‘ ruhoniylar, levilar va urug‘boshilarning ko‘pchiligi esa uyning poydevorini ko‘rganlarida ho‘ngrab yig‘ladilar. Xalq shunchalik qattiq baqirardiki, ovozlari uzoqdan ham eshitilib turardi. Buni eshitganlar xursandchilik ovozlarini yig‘i tovushidan farqlay olmasdi. Yahudo va Benyamin qabilasining g‘animlari: “Asirlikdan qaytib kelganlar Isroilning Xudosi — Egamiz Ma’badini qayta qurayotgan ekanlar”, degan xabarni eshitib qolishdi. Ular Zarubabelning va urug‘boshilarning oldiga kelib, shunday dedilar: “Biz ham sizlarga qo‘shilib Xudoyingizning uyini quraylik, chunki biz ham, sizlar singari, Xudoyingizga sajda qilamiz. Ossuriya shohi Isarxaddo‘n bizni bu yerga olib kelgandan buyon Xudoyingizga qurbonlik qilib kelyapmiz.” Lekin Zarubabel, Yoshua va Isroilning boshqa urug‘boshilari ularga shunday deb javob berdilar: “Sizlar Xudoyimizga uyni biz bilan birga qurmaysizlar. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uchun uyni o‘zimiz quramiz. Fors shohi Kurush buni bizga buyurgan.” Shundan keyin mahalliy xalqdan bo‘lgan bu g‘animlar Yahudo xalqini sarosimaga solib, qo‘rqitishga va qurilish ishlaridan qaytarishga harakat qilishdi. Ular amaldorlarga pora berib, Fors shohi Kurushning butun hukmronligi davomida Ma’badni qayta qurish rejalariga qarshilik qilib keldilar. Doro taxtni egallab, Fors shohi bo‘lgunga qadar bu ahvol davom etib keldi. Bir necha yildan keyin shoh Axashverash taxtga chiqdi. Axashverash hukmronligining boshlarida, g‘animlar Yahudo yurti va Quddus shahrida yashayotgan yahudiylarga qarshi aybnoma yozdilar. Hatto keyinroq — Fors shohi Artaxshas hukmronligi davrida ham Bishlam, Mitradot, To‘val va ularning boshqa sheriklari shohga maktub yozdilar. Maktub oramiycha yozilib, tarjima qilindi. Keyin hokim Raxum va kotib Shimshay ham shoh Artaxshasga Quddus aholisini qoralab maktub yozdi. Maktub shunday so‘zlar bilan boshlangan edi: “Hokim Raxumdan, kotib Shimshaydan va ularning boshqa sheriklari — hakamlar, yo‘lboshchilar, amaldorlar, Eraxliklar, Bobilliklar, Shushanliklar (ya’ni Elam xalqi), shuningdek, ulug‘ va qudratli shoh O‘snapar Samariya shaharlariga va Furot daryosining g‘arbidagi viloyatga olib kelib o‘rnashtirgan turli xalqlardan maktub.” Ular yuborgan maktubning mazmuni quyidagicha edi: “Shoh Artaxshas janobi oliylari! Biz, Furot daryosining g‘arbidagi viloyatda istiqomat qiluvchi qullaringiz, sizga salom yo‘llamoqdamiz. Janobi oliylariga shu narsa ma’lum bo‘lsinkim, sizning qo‘l ostingizdagi boshqa o‘lkalardan Quddusga kelib o‘rnashgan yahudiylar isyonkor, bexosiyat shaharni qaytadan tiklamoqdalar. Ular poydevor yotqizib, tez orada shahar devorlarini ham qurib tugatadilar. Janobi oliylarini shundan xabardor qilmoqchimizki, agar shahar qaytadan qurilib, devorlari ham bitsa, yahudiylar o‘lpon, soliq va xiroj to‘lamay qo‘yadilar. Natijada shohlikning daromadi kamayib ketadi. Saroyning tuziga biz ham sherik bo‘lganimiz uchun, shohimizning sharmanda bo‘lishiga qarab o‘tirishimiz bizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun maktub jo‘natib, shohimizni xabardor qilmoqchi bo‘ldik. Siz farmon bering: ota–bobolaringizning yilnomalarini ko‘rib chiqishsin. Bu shahar g‘alayon makoni bo‘lganini o‘sha yilnomalardan topasiz. Bu shahar oldindan hukmdorlar va viloyat hokimlariga qarshi bosh ko‘tarib, ko‘p muammolar tug‘dirgan, shu sababdan vayron qilingan edi. Biz janobi oliylariga shuni ma’lum qilib qo‘ymoqchimizki, agar bu shahar qayta qurilib, devorlari bitsa, Furot daryosining g‘arbidagi bu viloyatga egalik qila olmay qolasiz.” Shoh quyidagicha javob jo‘natdi: “Samariyada va Furot daryosining g‘arbidagi viloyatda istiqomat qilayotgan hokim Raxumga, kotib Shimshayga va ularning boshqa sheriklariga salom yo‘llayman. Sizlar menga yuborgan maktub huzurimda tarjima qilinib, o‘qib eshittirildi. Shunday qilib, mening farmonimga binoan, tekshiruv olib borildi va bu shahar oldindan shohlarga qarshi isyon ko‘targani aniqlandi. Haqiqatan ham, bu shahar isyonu g‘alayon makoni bo‘lgan ekan. Quddusda qudratli shohlar bo‘lgan ekan. Ular Furot daryosining g‘arbidagi barcha yurtlarni boshqargan ekanlar, o‘sha yurtlardan o‘lpon, soliq va xiroj yiqqan ekanlar. Shuning uchun yahudiylarga buyuringlar, ishni to‘xtatsinlar. Men farmon bermagunimcha shahar qayta qurilmasin. Hushyor bo‘linglar: mening manfaatimga zarar keltiradigan ish boshqa qilinmasin.” Shoh Artaxshasning maktubi Raxum, kotib Shimshay va ularning sheriklari huzurida o‘qilgach, ular shosha–pisha Quddusga bordilar, shahar qurilishini to‘xtatishga yahudiylarni majburladilar. Xudoning Quddusdagi uyini qayta qurish ishlari to‘xtatilgan edi. Fors shohi Doro hukmronligining ikkinchi yiligacha u yerda hech qanday ish qilinmadi. O‘sha davrda Xaggey va Iddo o‘g‘li Zakariyo payg‘ambarlar Yahudo yurtidagi va Quddusdagi yahudiylarga Isroil xalqining Xudosi nomidan bashorat qila boshladilar. Shunda Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel va Yohuzadax o‘g‘li Yoshua Xudoning Quddusdagi uyini qayta qurishga yana kirishdilar. Xudoning payg‘ambarlari ularning ishini qo‘llab–quvvatlab turdilar. O‘sha zahoti Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay bilan Shatarbo‘zanay hamda ularning sheriklari yahudiylarning oldiga kelib: “Bu uyni ko‘tarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?” deb so‘rashdi. Binoni qurayotgan odamlarning ismlarini ham talab qilishdi. Lekin yahudiy oqsoqollarga Xudo nazarini solgan edi. Shuning uchun Fors amaldorlari shoh Doroga maktub yuborishga qaror qildilar. “Maktubga javob kelmaguncha yahudiylarni to‘xtatmaymiz”, deb kelishib oldilar. Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari — viloyat amaldorlari shoh Doroga maktub yubordilar. Ular yuborgan maktubning mazmuni quyidagicha edi: “Shoh Doro janobi oliylariga tinchlik–omonlik bo‘lsin. Shoh janoblariga ma’lum bo‘lsinki, biz Yahudo viloyatida ulug‘ Xudoga atab qurilayotgan uyga borgan edik. Bu uy yo‘nilgan toshlardan va sadr yog‘ochidan qurilyapti. Ish qunt bilan qilinyapti, qurilish bir maromda ilgarilab boryapti. Biz o‘sha yerdagi oqsoqollar bilan gaplashdik, ulardan: “Bu uyni ko‘tarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?” deb so‘radik. Sizni xabardor qilib qo‘yaylik, deb ularga boshchilik qilayotgan odamlarning ismlarini ham so‘radik. Ularning bizga bergan javobi shu bo‘ldi: — Biz Samoviy Xudoning qullarimiz. Biz tiklayotgan Xudoning bu uyi ancha yillar oldin Isroilning ulug‘ bir shohi tomonidan qurib bitkazilgan edi. Lekin ota–bobolarimiz Samoviy Xudoni g‘azablantirdilar. Shuning uchun, Xudo ularni Xaldey qabilasidan bo‘lgan Bobil shohi Navuxadnazarning qo‘liga berdi. Navuxadnazar bu uyni vayron qilib, xalqni Bobilga surgun qildi. [13-14] Xudoning uyidan oltin va kumush buyumlarni olib, Bobildagi ma’badga olib ketdi. Lekin Bobil shohi Kurush o‘z hukmronligining birinchi yilida, Xudoning uyi qayta qurilsin, deb farmon chiqardi. U hatto Quddusdagi Ma’abadga qarashli o‘sha oltin va kumush buyumlarni Bobildagi ma’baddan olib kelishni buyurib, Shashbazzar degan odamga berdi. Shoh Kurushning o‘zi Shashbazzarni Yahudoning hokimi qilib tayinladi. *** U Shashbazzarga shunday dedi: “Bu buyumlarni Quddusga olib bor. Xudoning uyini oldingi o‘rnida qurdirib, buyumlarni Ma’badga joylashtir.” Shunda Shashbazzar kelib, Xudoning Quddusdagi uyi poydevorini yotqizdirdi. O‘shandan buyon hozirgacha qurilish davom etmoqda, hali tugagani yo‘q. Endi, shohimizga ma’qul bo‘lsa, Bobildagi shoh hujjatlarini sinchiklab qarab chiqsalar. O‘shanda shoh Kurush Xudoning Quddusdagi o‘sha uyini qayta qurish uchun farmon chiqarganmi yoki yo‘qmi, ko‘radilar. Shohimiz bu ishga oid qarorlarini bizga ma’lum qilishlarini so‘raymiz.” Shundan so‘ng shoh Doro, Bobilda saqlanadigan hujjatlar sinchiklab qarab chiqilsin, deb farmon berdi. Nihoyat, Midiya viloyatining markazi Yekbatana shahridagi arxivdan bir o‘rama qog‘oz topildi. Unda quyidagilar yozilgan edi: “Shoh Kurush o‘z hukmronligining birinchi yilida Xudoning Quddusdagi uyiga oid shunday farmon chiqardi: Xudoning uyi oldingi o‘rnida qayta qurilsin, toki odamlar u yerda qurbonliklar keltira oladigan bo‘lishsin. Bu uyning balandligi oltmish tirsak, kengligi ham oltmish tirsak bo‘lsin. Devorlari yo‘nilgan tosh va yog‘ochdan qurilsin, har uch qator toshning ustiga bir qator yog‘och yotqizilsin. Xarajatlar shoh xazinasidan to‘lansin. Bundan tashqari, Navuxadnazar Quddusdagi Ma’baddan Bobilga olib kelgan Xudoning uyiga tegishli buyumlar ham Quddusga qaytarib olib borilsin. Hammasi Xudoning uyiga oldingiday joylashtirilsin.” Shoh Doro shunday maktub jo‘natdi: “Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va sheriklaringiz — viloyat amaldorlari! Sizlar nari turinglar! Xudoning uyidagi ishlarga aralashmanglar. Yahudo hokimi va yahudiy oqsoqollar Xudoning uyini oldingi o‘rnida qaytadan quraverishsin. Bundan tashqari, sizlar yahudiy oqsoqollarga Xudoning uyini qayta qurishda quyidagicha yordam berishingizni amr qilaman: ish uchun kerak bo‘lgan hamma mablag‘ni ularga kechiktirmay yetkazib turinglar. Mablag‘ni Furot daryosining g‘arbidagi viloyatdan yig‘ilgan o‘lpondan — shoh xazinasidan to‘langlar. Quddusdagi ruhoniylar Samoviy Xudoga har kuni kuydiriladigan nazrlarni keltira olishlari uchun ularni kerakli narsalar bilan ta’minlanglar. Ularga so‘raganini — buqa, qo‘chqor, qo‘zilarni, shuningdek, bug‘doy, tuz, sharob va zaytun moyini beringlar. Shunda ular Samoviy Xudoga ma’qul keladigan qurbonliklarni nazr qila oladigan bo‘lishadi hamda meni va farzandlarimni duo qilib yurishadi. Yana buyuraman: kim bu farmonimni o‘zgartirsa, o‘sha odamning uyidan xoda sug‘urib olinsin. Aybdor odam tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqilsin. Qilgan jinoyati uchun uyi buzib tashlanib, go‘ngtepaga aylantirilsin. Bu farmonimni o‘zgartirishga uringan yoki Xudoning Quddusdagi uyini yo‘qotishga harakat qilgan har qanday shoh yoki xalqni Xudoning O‘zi yo‘q qilsin. Zotan Xudo ulug‘lanishi uchun O‘ziga Quddus shahrini tanlagan. Bu farmonni men, Doro, joriy qildim. Farmonim so‘zsiz bajarilsin.” Shoh Doro yuborgan buyruqqa muvofiq, Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari shohning farmonini so‘zsiz bajarishdi. Shunday qilib, yahudiy oqsoqollar Xudoning uyini quraverdilar, ish bir maromda ilgarilab borardi. Xaggey va Iddo o‘g‘li Zakariyo payg‘ambarlar esa ularni bashoratlari bilan ruhlantirib turdilar. Yahudiy oqsoqollar Isroil xalqining Xudosi amriga hamda Fors shohlari Kurush, Doro va Artaxshasning farmonlariga ko‘ra, qurilishni tamomladilar. Adar oyining uchinchi kuni, shoh Doro hukmronligining oltinchi yilida Xudoning uyi qurilishi tugatildi. Isroil xalqi — ruhoniylar, levilar va asirlikdan qaytgan boshqa odamlar shod–xurramlik bilan uyni Xudoga bag‘ishladilar. Ular Xudo uyining bag‘ishlanishiga atab, 100 ta buqa, 200 ta qo‘chqor, 400 ta qo‘zini qurbonlik qildilar. Isroil qabilalarining soniga ko‘ra, butun Isroil xalqi uchun 12 ta takani gunoh qurbonligi qildilar. So‘ng ruhoniy va levilarni guruhlarga bo‘ldilar, ularga Xudoning Quddusdagi uyida bajariladigan vazifalarni taqsimlab berdilar. Bularning hammasini Musoning kitobida yozilgan ko‘rsatmalar bo‘yicha qildilar. Asirlikdan qaytganlar keyingi yilning birinchi oyi, o‘n to‘rtinchi kunida Fisih ziyofatini nishonladilar. Ruhoniylar va levilar o‘zlarini pokladilar. Hammalari pok bo‘lganlaridan keyin, levilar asirlikdan qaytgan xalq uchun, ruhoniylar uchun va o‘zlari uchun Fisih qo‘zisini so‘ydilar. Asirlikdan qaytgan Isroil xalqi Fisih taomidan tanovul qildi. Yurtdagi boshqa odamlar ham yahudiylarga qo‘shilib, Fisih taomidan tanovul qildilar. Ular Isroil xalqining Xudosi — Egamizga sajda qilish uchun qo‘shni xalqlarning butparast udumlaridan voz kechgan edilar. Hammasi shod–xurramlik bilan yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini birgalikda nishonladilar. Ular xursand edilar, chunki Egamiz ularni Ossuriya shohining iltifotiga sazovor qilgan edi. Ossuriya shohi ularga Isroil xalqi Xudosining uyini qayta qurishda yordam bergandi. Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Fors shohi Artaxshas hukmronligi davrida Ezra degan bir odam bor edi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi: Ezra — Sarayoning o‘g‘li, Sarayo — Ozariyoning o‘g‘li, Ozariyo — Xilqiyoning o‘g‘li, Xilqiyo — Shallumning o‘g‘li, Shallum — Zodo‘xning o‘g‘li, Zodo‘x — Oxitobning o‘g‘li, Oxitob — Emoriyoning o‘g‘li, Emoriyo — Ozariyoning o‘g‘li, Ozariyo — Maroyo‘tning o‘g‘li, Maroyo‘t — Zaraxiyoning o‘g‘li, Zaraxiyo — Uzzining o‘g‘li, Uzzi — Bukkining o‘g‘li, Bukki — Abushuvaning o‘g‘li, Abushuva — Finxazning o‘g‘li, Finxaz — Elazarning o‘g‘li, Elazar — oliy ruhoniy Horunning o‘g‘li edi. [6-7] Ezra Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Musoga bergan qonunini juda yaxshi biladigan mohir tafsirchi edi. Shoh Artaxshas hukmronligining yettinchi yilida Ezra Bobildan Quddusga tomon yo‘lga otlandi. Isroil xalqidan, ruhoniylardan, levilardan, qo‘shiqchilardan, Ma’bad darvozabonlaridan, Ma’bad xizmatkorlaridan ba’zilari ham Ezra bilan birga Quddusga ketmoqchi bo‘ldilar. Ezraga Egasi Xudo yor bo‘lgani uchun, shoh unga so‘ragan narsasini in’om qildi. *** [8-9] Birinchi oyning birinchi kunida ular Ezraning boshchiligida Bobildan chiqdilar. Ezraga Xudoning marhamati yor bo‘lgani uchun, ular to‘rt oydan keyin — beshinchi oyning birinchi kunida Quddusga yetib keldilar. *** Ezra butun hayotini Xudoning qonunlarini o‘rganishga, bu qonunlarni bajarishga, Isroil xalqiga Xudoning qonun–qoidalarini o‘rgatishga bag‘ishlagan edi. Egamizning Isroil xalqiga bergan amr va qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezraga shoh Artaxshas maktub bergan edi. Maktubning mazmuni quyidagicha edi: “ Samoviy Xudo qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezraga shahanshoh Artaxshasdan salomlar bo‘lsin. Mening shohligimda istiqomat qilayotgan Isroil xalqidan, shuningdek, ruhoniy va levilardan sen bilan Quddusga ketishni istagan har kimga ijozat berilsin, deb farmon beraman. Men yettita maslahatchim bilan birga seni Yahudo yurti va Quddusga yuborib, u yerdagi vaziyatni tekshirib chiqishingga vakolat beramiz. Senga topshirilgan Xudoyingning qonuni u yerda ijro etilyaptimi yoki yo‘qmi, bilib kel. Quddusda maskan qilgan Isroil xalqining Xudosiga biz ko‘ngildan chiqarib nazr qilgan kumush va oltinlarni ham o‘zing bilan olib ket. Bobil viloyati bo‘ylab sen to‘playdigan hamma kumush va oltinni ol. Isroil xalqi va ularning ruhoniylari o‘z Xudosining Quddusdagi uyi uchun ko‘ngildan chiqarib beradigan nazrlarni ham olib ket. Bu pulga, birinchi navbatda, buqalar, qo‘chqorlar, qo‘zilar, ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazrlarini sotib ol. Bularni Xudoyingning Quddusdagi uyi qurbongohida nazr qil. Qolgan kumush va oltinni esa Xudoyingning xohishiga muvofiq, o‘zingga va hamkorlaringga ma’qul kelganicha ishlatsang bo‘ladi. Xudoyingning uyida foydalanish uchun berilgan buyumlarni Quddusdagi Xudoga in’om qil. Bordi–yu, Xudoyingning uyi uchun yana boshqa xarajatlar talab qilinsa, mablag‘ni shoh xazinasidan olishing mumkin. Men, shoh Artaxshas, Furot daryosining g‘arbidagi viloyat xazinabonlarining hammasiga farmon beraman: Samoviy Xudo qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezra nima talab qilmasin, uning talabi so‘zsiz ijro etilsin. 210 pudga qadar kumush, 1000 tog‘oraga qadar bug‘doy, 200 ko‘zaga qadar sharob, 200 ko‘zaga qadar moy va keragicha tuz berilsin. Samoviy Xudo O‘z uyi uchun nimalarni amr qilgan bo‘lsa, o‘sha narsalar albatta muhayyo qilinsin. Mendan va mening merosxo‘rlarimdan Xudo g‘azablanmasin. Biz yana sizlarni xabardor qilamizki, ruhoniylardan, levilardan, qo‘shiqchilardan, Ma’bad darvozabonlaridan, Ma’bad xizmatkorlaridan, Xudoning uyidagi boshqa xizmatkorlardan o‘lpon, soliq yoki xiroj olish man etiladi. Sen, Ezra, Xudo bergan donolik bilan qozi va hakamlarni tayinla. Ular Furot daryosining g‘arbidagi viloyatda Xudoyingning qonunlarini biladigan jamiki xalqni hukm qilsinlar. Qonunlarni bilmaydigan odamlarga sizlar ta’lim beringlar. Xudoyingning qonuniga va shohning qonuniga itoat qilmaganlarning hammasi albatta jazoga tortilsin: qatl qilinsin yoki surgun qilinsin, mol–mulki musodara qilinsin yoki qamoqqa tashlansin.” Ota–bobolarimizning Xudosiga hamdu sanolar bo‘lsin! Egam Quddusdagi uyini sharaflashi uchun bularni shohning yuragiga soldi. Xudoning marhamati bilan men shohning, maslahatchilarining, barcha obro‘li a’yonlarining iltifotiga sazovor bo‘ldim. Egam Xudo menga yor bo‘lgani uchun, men dadil bo‘lib, Isroil yo‘lboshchilarini o‘zim bilan olib ketgani to‘pladim. Shoh Artaxshas hukmronligi davrida men bilan birga Bobildan ketgan urug‘boshilar va ular bilan birga ro‘yxatga olinganlar quyidagilardir: [2-3] Finxaz urug‘idan — Gershom. Itamar urug‘idan — Doniyor. Dovud urug‘idan — Shaxaniyo naslidan bo‘lgan Xattush. Paro‘sh urug‘idan — Zakariyo va u bilan birga ro‘yxatga olingan 150 ta erkak. *** Paxatmo‘ab urug‘idan — Zaraxiyo o‘g‘li Elixo‘nay va u bilan birga 200 ta erkak. Zattu urug‘idan — Yaxaziyol o‘g‘li Shaxaniyo va u bilan birga 300 ta erkak. Adin urug‘idan — Yo‘natan o‘g‘li Evid va u bilan birga 50 ta erkak. Elam urug‘idan — Otaliyo o‘g‘li Yeshayo va u bilan birga 70 ta erkak. Shafatiyo naslidan — Mikoyil o‘g‘li Zabadiyo va u bilan birga 80 ta erkak. Yo‘ab naslidan — Yoxiyol o‘g‘li Obodiyo va u bilan birga 218 ta erkak. Banix urug‘idan — Yo‘sifiyo o‘g‘li Shalumit va u bilan birga 160 ta erkak. Bo‘vay urug‘idan — Bo‘vay o‘g‘li Zakariyo va u bilan birga 28 ta erkak. Ozgad urug‘idan — Xakkatan o‘g‘li Yo‘xanon va u bilan birga 110 ta erkak. Odonixam urug‘idan — Elifalet, Yaviyol, Shamayo va ular bilan birga 60 ta erkak. Elifalet, Yaviyol va Shamayo qarindoshlari orasidan eng oxirgi bo‘lib qaytib keldilar. Big‘vay urug‘idan — Utay, Zakkur va ular bilan birga 70 ta erkak. Men ularni Ohabo shahriga oqib boradigan daryo bo‘yida to‘pladim. O‘sha joyda biz uch kun turdik. Men to‘planganlarni sinchiklab ko‘rib chiqdim, ularning orasida ruhoniylarni topdim, lekin levilar yo‘q edi. Keyin yo‘lboshchilar Eliazarni, Oriyolni, Shamayoni, Elnatanni, Yorivni, Elnatanni, Natanni, Zakariyoni, Mashullomni hamda Tavrot ustozlari Yo‘xariv va Elnatanni chaqirtirdim. Ularni Kosifiyodagi levilarning yo‘lboshchisi Iddoning huzuriga jo‘natayotib, ularga shunday deb tayinladim: “Iddoning huzuriga borgach, unga, uning sheriklariga, Kosifiyodagi Ma’bad xizmatkorlariga aytinglar, Xudoning uyi uchun levilarni yuborishsin.” Xudoyimizning marhamati bizga yor bo‘lgani uchun, ular Sharaviyo degan layoqatli bir odamni, o‘g‘illari va qarindoshlari bilan birga yubordilar. Sharaviyo Yoqub o‘g‘li Levi naslining Maxli urug‘idan edi. Kelganlar jami 18 ta erkak edilar. Shuningdek, Marori urug‘idan Xashaviyo va Yeshayo o‘g‘illari va qarindoshlari bilan birga yuborilgan edi. Ular jami 20 ta erkak edilar. Bulardan tashqari, 220 ta Ma’bad xizmatkori ham yuborildi. Bu xizmatkorlarning ajdodlarini shoh Dovud va uning a’yonlari levilarga yordam berish uchun tayinlagan edilar. Ularning hammasi nomma–nom qayd etilgan. Xudodan: “Bizni, bolalarimizni va butun mol–mulkimizni safarda saqlagin”, deb so‘rab, toat–ibodat qilishimiz uchun men Oxabo daryosi bo‘yida ro‘zani e’lon qildim. Shohdan: “Bizni yo‘lda dushmandan himoya qilish uchun bir guruh sipoh va otliq sipoh bering”, deb so‘rashga xijolat bo‘lardim. Chunki biz shohga: “Xudoyimiz Unga yuz burganlarning hammasiga marhamat qiladi, lekin Undan yuz o‘girganlarga g‘azabini sochadi”, deb aytgan edik. Shunday qilib, biz ro‘za tutdik va Xudoyimizga, bizni saqlagin, deb iltijo qildik. Xudoyimiz bizning iltijolarimizni eshitdi. So‘ngra bosh ruhoniylarning orasidan o‘n ikkita ruhoniyni — Sharaviyoni, Xashaviyoni va ularning qarindoshlaridan o‘ntasini tanlab oldim. Xudoyimizning uyi uchun nazr qilingan kumush, oltin va buyumlarni ularning huzurida tarozida tortdim. Shoh, uning maslahatchilari, a’yonlari, Bobil viloyatidagi butun Isroil xalqi nazr qilgan bu hadyalarni ularga topshirdim. Men ularga topshirgan nazrlarning miqdori quyidagicha edi: 1400 pud kumush, 210 pud kumush buyum, 210 pud oltin, yarim pud chiqadigan 20 ta oltin kosa, qiymati oltinga teng bo‘lgan, sayqallangan a’lo sifatli 2 ta bronza buyum. Men ularga shunday dedim: “Sizlar Egamizga bag‘ishlangansizlar, buyumlar ham Egamizga bag‘ishlangan. Odamlar bu kumush va oltinlarni ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga ko‘ngildan chiqarib nazr qildilar. Sizlar bu nazrlarni Quddusga olib borgunlaringizgacha ehtiyot qilib saqlanglar. So‘ng bularni Egamizning uyi omborida bosh ruhoniylar, levilar va urug‘boshilar huzurida tarozida tortinglar.” Shunday qilib, ruhoniylar va levilar tarozida tortilgan bu kumush, oltin va buyumlarni Xudoyimizning Quddusdagi uyiga olib borish uchun qabul qilib oldilar. Birinchi oyning o‘n ikkinchi kuni biz Ohabo daryosi bo‘yidan Quddus tomon yo‘lga tushdik. Xudoyimiz bizga yor edi. Yo‘lda ketayotganimizda, U bizni dushman hujumidan va qaroqchilardan himoya qildi. Biz Quddusga yetib kelib, u yerda uch kun turdik. To‘rtinchi kuni esa kumush, oltin va buyumlarni Xudoyimizning uyida tarozida tortib, Uriyo o‘g‘li ruhoniy Miromo‘tga topshirdik. Uning yonida Finxaz o‘g‘li ruhoniy Elazar, shuningdek, levilardan Yeshuva o‘g‘li Yo‘zabad va Binnuy o‘g‘li Novadiyo bor edilar. O‘sha kuni biz hamma narsani tarozida tortib, hisoblab chiqdik, har bir narsaning vaznini yozib qo‘ydik. Shundan so‘ng asirlikdan qaytib kelganlar Isroil xalqining Xudosiga qurbonliklar keltirdilar. Ular butun Isroil xalqi uchun 12 ta buqani, 96 ta qo‘chqorni, 77 ta qo‘zini Egamizga qurbonlik qilib kuydirdilar. Bulardan tashqari, xalqni gunohlaridan poklash uchun 12 ta takani qurbonlik qildilar. So‘ng shohning farmonini Furot daryosining g‘arbidagi viloyat noiblariga va hokimlariga olib bordilar. Noiblar bilan hokimlar xalqqa va Xudoning uyiga yordam ko‘rsatdilar. Shu voqealardan keyin Isroil xalqining yo‘lboshchilari mening oldimga kelib, shunday deyishdi: “Asirlikdan qaytgan Isroil xalqining ko‘pchiligi, hatto ba’zi ruhoniylar bilan levilar mahalliy xalqlardan o‘zlarini saqlamadilar. Ular Kan’on, Xet, Pariz, Yobus, Ommon, Mo‘ab, Misr va Amor xalqlarining jirkanch odatlarini o‘zlashtirib oldilar. Yahudiy erkaklarining ba’zilari o‘sha xalqlarning qizlariga uylandilar, o‘g‘illariga ham o‘sha xalqlarning qizlaridan olib berdilar. Shu tariqa muqaddas xalq yurtdagi boshqa xalqlar bilan chatishib ketdi. Bu xiyonatni yo‘lboshchilar bilan amaldorlar boshlab berishdi.” Men bu gaplarni eshitganimda qayg‘udan ko‘ylagim va ridoimni yirtib tashladim, soch–soqolimni yuldim. Qattiq iztirobda qoldim. Asirlikdan qaytganlarning bu xiyonati dastidan Isroil Xudosining so‘zlaridan qo‘rqadigan hamma odamlar mening atrofimga to‘plandilar. Men esa kechki qurbonlik nazr qilinadigan paytgacha iztirob chekib o‘tiraverdim. Kechki qurbonlik paytida men hamon iztirob chekkanimcha o‘tirgan o‘rnimdan turdim. Ko‘ylaklarim va ridoim yirtilgan holatda tiz cho‘kdim. Egam Xudoga qo‘llarimni cho‘zib, yolvordim: “Ey Xudoyim! Qattiq xijolatdaman, huzuringda boshimni ko‘tarishga botinolmayman. Ey Xudoyim! Ayblarimiz boshimizdan ham oshib ketgan, gunohlarimiz tog‘day uyilib, osmonu falakka yetgan. Ota–bobolarimiz davridan shu kungacha biz gunohga botib keldik. Ayblarimiz tufayli Sen bizni, shohlarimizni, ruhoniylarimizni boshqa yurtlarning shohlariga mag‘lub qilding. Ular bizni o‘ldirishdi, talon–taroj qilishdi, asir qilib olib ketishdi, xuddi hozirgiday, biz sharmandali ahvolga tushdik. Endi esa, ey Egamiz Xudo, sen qisqa vaqt davomida bizga shafqatingni ko‘rsatib, bizni omon saqlading, muqaddas maskaning oldiga joylashtirding. Bizga umid berding, qulligimizda ozgina bo‘lsa ham, halovat ato qilding. Ey Xudoyimiz, biz qul bo‘lsak ham, Sen bizni tark etmading. Bizga marhamat ko‘rsatib, Fors shohining iltifotiga sazovor qilding. Bizga yangi hayot ato qilding, uyingni qayta qurishimizga, uni tiklashimizga imkoniyat berding, Yahudo yurtida va Quddusda bexatar yashashimizga imkoniyat yaratding. Ey Xudoyimiz, endi nima ham derdik?! Bularning hammasidan keyin ham biz amrlaringga rioya qilmadik. Sen payg‘ambar qullaring orqali shunday amr bergan eding: — Sizlar egalik qilish uchun kirayotgan bu yurt mahalliy xalqlarning butparast udumlari tufayli harom bo‘lgan. Xalqlar jirkanch odatlari bilan butun yurtni u boshidan bu boshigacha bulg‘adilar. Shuning uchun ularga qiz uzatmanglar, o‘g‘illaringizga ularning qizlarini olib bermanglar. Ularga hech qachon tinchlik va farovonlikni ravo ko‘rmanglar. Shundagina sizlar kuchli bo‘lasizlar, yurtning a’lo hosilidan yeb, rohatlanasizlar, bu yurtni bolalaringizga abadiy meros qilib qoldirasizlar. Boshimizga tushgan hamma ko‘rgiliklarga qilgan qabih ishlarimiz, o‘zimizning ayblarimiz sabab bo‘ldi. Ey Xudoyimiz, shunga qaramay, sen bizni qilmishlarimizga yarasha jazolamay, oz jazolading, ayrimlarimizni omon saqlading. Mana shulardan keyin ham biz amrlaringni buzdik. Jirkanch odatlarga mukkasidan ketgan xalqlar bilan quda–andachilik qildik! Endi Sen bizdan g‘azablanib, birontamizni ham tirik qoldirmay qirib tashlashing aniq! Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, Sen adolatlisan. Shunga qaramay, shu kungacha Sen bizni asrab kelding. Sening oldingda turishga haqimiz yo‘q, lekin mana, ayblarimiz bilan oldingda turibmiz.” Ezra Xudoning uyi oldida o‘zini yerga otib yig‘laganicha, gunohlarni e’tirof etdi. U Xudoga iltijo qilayotganda, atrofiga Isroildan katta jamoa — erkagu ayol, bolalar yig‘ilishdi. Xalq ham achchiq–achchiq yig‘lardi. Elam naslidan Yoxiyol o‘g‘li Shaxaniyo Ezraga shunday deya murojaat qildi: “Biz mahalliy xalqlarning butparast ayollariga uylanib, Xudoyimizga bevafolik qildik. Lekin shunga qaramay, biz, Isroil xalqi uchun hali ham umid bor! Keling, Xudoyimiz bilan ahd qilaylik. Hazratim, sizning maslahatingizga ko‘ra va Xudoyimizning so‘zlaridan qo‘rqadiganlarning maslahatiga ko‘ra, barcha butparast xotinlarni bolalari bilan birga qo‘yib yuboraylik. Tavrot qonuniga amal qilaylik. Qani hazratim, ishga kirishing, bu sizning burchingizdir. Biz siz bilanmiz. Dadil bo‘ling, ishni boshlang.” Shunda Ezra o‘rnidan turib, ruhoniylarning, levilarning va butun Isroil xalqining boshliqlariga, aytilganlarni qilamiz, deb ont ichirdi. Hammalari ont ichdilar. So‘ng Ezra Xudoning uyi oldidan ketib, Eliashab o‘g‘li Yoxuxanonning xonasiga bordi, tunni o‘sha yerda o‘tkazdi. U na non yedi, na suv ichdi, u asirlikdan qaytganlarning xiyonatkorligi dastidan qayg‘urayotgan edi. “Asirlikdan qaytganlarning hammasi Quddusga to‘plansin”, deb Yahudo yurti va Quddus bo‘ylab jar solindi. “Agar kimki uch kun ichida kelmasa, yo‘lboshchilarning va oqsoqollarning buyrug‘iga ko‘ra, ularning hamma mol–mulki musodara qilinsin, o‘zlari asirlikdan qaytganlar jamoasidan chiqarilsin”, deb xabar berildi. Uch kun ichida Yahudo va Benyamin hududida yashayotganlarning hammasi Quddusda to‘plandi. Bu voqea to‘qqizinchi oyning yigirmanchi kunida ro‘y berdi. Odamlar Xudoning uyi oldidagi hovlida joylashib o‘tirdi. Ahvolning jiddiyligidan va kuchli yomg‘ir yog‘ayotganidan xalq titrardi. Ruhoniy Ezra o‘rnidan turib, xalqqa dedi: “Sizlar butparast ayollarga uylanib, Egamizga xiyonat qildingizlar, Isroil xalqining ayblari ustiga ayb orttirdingizlar. Endi ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz oldida tavba qilinglar, Uning xohishi bo‘yicha ish tutinglar. O‘zlaringizni mahalliy xalqlardan ayirib, butparast xotinlaringizni qo‘yib yuboringlar.” Shundan keyin butun jamoa baland ovoz bilan javob berdi: “Siz haqsiz! Aytganlaringizni qilamiz. Lekin xalq ko‘p, yomg‘ir ham yog‘yapti, shuning uchun ochiq joyda tura olmaymiz. Oramizdagi ko‘pchilik bu gunohga qo‘l urgan, shuning uchun bu masalani bir–ikki kunda hal qilib bo‘lmaydi. Mayli, yo‘lboshchilarimiz Quddusda qolsinlar, ular bu ishning mas’uliyatini o‘z zimmalariga olsinlar. Butparast ayollarga uylanganlarning hammasi belgilangan vaqtda o‘z shahar oqsoqoli va hakami bilan birga kelishsin. Shu yo‘sin bu masaladagi Xudoyimizning qattiq g‘azabi bizdan qaytadi.” Faqat Osoyil o‘g‘li Yo‘natan bilan Tixvo o‘g‘li Yaxziyo bu taklifga qarshi chiqdilar, levilardan Mashullom va Shabbatay ham ularni qo‘llab–quvvatladilar. Shunday qilib, asirlikdan qaytganlar berilgan taklifni qabul qildilar. Ruhoniy Ezra urug‘boshilar orasidan odamlarni tayinlab, ularning ismlarini yozib qo‘ydi. O‘ninchi oyning birinchi kuni ular bu ishni tekshirishga kirishdilar. Birinchi oyning birinchi kuniga kelib, butparast ayollarga uylangan barcha erkaklar bilan bog‘liq bo‘lgan masala ko‘rib chiqildi. Butparast ayollarga uylangan odamlar quyidagilardir: Ruhoniylardan: Yohuzadax o‘g‘li Yoshuaning urug‘idan va uning hamkorlaridan — Masiyo, Eliazar, Yoriv va Gadaliyo. Ular xotinlarini qo‘yib yuborishga ont ichdilar va ayblari uchun bitta qo‘chqorni ayb qurbonligi qildilar. Immar urug‘idan — Xonin va Zabadiyo. Xarim urug‘idan — Masiyo, Ilyos, Shamayo, Yoxiyol va Uzziyo. Pashxur urug‘idan — Eliyo‘nay, Masiyo, Ismoil, Natanil, Yo‘zabad va Elasax. Levilardan: Yo‘zabad, Shimax, Kilayox (Kilit deb ham aytiladi), Patixiyo, Yahudo va Eliazar. Qo‘shiqchilardan: Eliashab. Ma’bad darvozabonlaridan: Shallum, Talim va Uri. Isroil xalqining qolganlaridan: Paro‘sh urug‘idan — Romiyo, Yiziyo, Malkiyo, Miyomin, Elazar, Malkiyo va Binayo. Elam urug‘idan — Mattaniyo, Zakariyo, Yoxiyol, Abdi, Yorimo‘t va Ilyos. Zattu urug‘idan — Eliyo‘nay, Eliashab, Mattaniyo, Yorimo‘t, Zobod va Azizax. Bo‘vay urug‘idan — Yoxuxanon, Xanoniyo, Zabbay va Otley. Banix urug‘idan — Mashullom, Mallux, Odayo, Yoshuv, Shayol va Yorimo‘t. Paxatmo‘ab urug‘idan — Adna, Xilol, Binayo, Masiyo, Mattaniyo, Bazalil, Binnuy va Manashe. Xarim urug‘idan — Eliazar, Ishshiyo, Malkiyo, Shamayo, Shimo‘n, Benyamin, Mallux, Shamariyo. Xashum urug‘idan — Mattanay, Mattatax, Zobod, Elifalet, Yorimay, Manashe va Shimax. Banix urug‘idan — Maday, Imrom, Uval, Binayo, Bidayo, Xalux, Vaniyo, Miromo‘t, Eliashab, Mattaniyo, Mattanay va Yasoy. Binnuy urug‘idan — Shimax, Shalamiyo, Natan, Odayo, Maxnadbay, Shoshay, Shoroy, Ozariyol, Shalamiyo, Shamariyo, Shallum, Emoriyo va Yusuf. Navo urug‘idan — Yaviyol, Mattitiyo, Zobod, Zabino, Yadday, Yo‘el va Binayo. Yuqoridagilarning hammasi butparast ayollarga uylangan edilar. Ayrimlari o‘sha ayollardan farzandlar ham ko‘rgan edilar. Quyidagilar Xaxalyo o‘g‘li Naximiyoning xotiranomasidir. Shoh Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yilida, Xislav oyida men Shushandagi qal’asida edim. Shunda ukam Xonin boshqa ba’zi odamlar bilan Yahudo yurtidan keldi. Men ulardan asirlikka olib ketilmagan va asirlikdan qaytib borgan yahudiylarning holini, shuningdek, Quddus shahrining ahvolini so‘radim. Ular shunday javob berdilar: “Viloyatdagi asirlikka olib ketilmagan va asirlikdan qaytib borgan yahudiylar og‘ir qayg‘u, sharmandali ahvolda qolganlar: Quddusning devori vayron bo‘lib ketgan, darvozalari yondirilgan.” Bu so‘zlarni eshitganimda, o‘tirib yig‘ladim. Bir necha kun qayg‘urib yurdim. Ro‘za tutdim, Samoviy Xudoga iltijo qilib yurdim. Unga shunday deb yolvordim: “Ey Samoviy Xudo — Egam! Sen buyuk va haybatli Xudosan. Seni sevib, amrlaringga rioya qilgan bandalaringga ahdingni sodiq saqlaysan. Men, qulingning ibodatlarini eshit, ahvolimga boq. Isroil xalqi uchun kechayu kunduz qilgan iltijolarimni eshit. Axir, ular Sening qullaring–ku. Men xalqim qilgan hamma gunohlarni e’tirof etaman. Men o‘zim ham, xonadonim ham gunoh qildik. Quling Muso orqali bergan amrlaringga, farmonlaringga, qonun–qoidalaringga biz rioya qilmadik, Seni qattiq xafa qildik. Yolvoraman, quling Musoga bergan va’dangni yodingda tut. Axir, Sen shunday degansan: “Agar sizlar Menga sodiq bo‘lmasangizlar, Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib yuboraman. Lekin Menga yuz bursangizlar, amrlarimga rioya qilib bajarsangizlar, Men sizlarni yig‘ib olaman. Yerning eng chetiga surgun qilingan bo‘lsalaringiz ham, sizlarni o‘sha joylardan yig‘ib kelaman, Men ulug‘lanishim uchun tanlangan joyga sizlarni qaytarib olib kelaman.” Biz Sening qullaringmiz, buyuk qudrating va ajoyibotlaring bilan O‘zing qutqargan xalqingmiz. Yo Rabbiy! Bu qulingning iltijolarini eshit. Seni izzat–hurmat qilishni xush ko‘radigan hamma qullaringning iltijolariga quloq tut. Men, qulingga bugun omad ber, shoh Artaxshasda menga nisbatan shafqat uyg‘otgin.” O‘sha paytlarda men shohning soqiysi edim. Shoh Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yili, Nison oyi edi. Bir kuni shohga sharob keltirildi. Men sharobni olib kirib, unga uzatdim. Shoh qarshisida men hech qachon g‘amgin ahvolda bo‘lmagandim. Shuning uchun shoh mendan so‘radi: — Nega g‘amgin ko‘rinasan? Kasalga o‘xshamaysan–ku! Yuragingda biror darding bo‘lsa kerak–a? Men qattiq qo‘rqib ketdim, shunga qaramay shohga dedim: — Shoh hazratlarining umrlari uzoq bo‘lsin. Ota–bobolarimning qabrlari joylashgan shahar tashlandiq bo‘lib, o‘sha shaharning darvozalari yondirib yuborilsa–yu, nega g‘amgin bo‘lmayin?! — Shoh mendan: — Tilaging nima? — deb so‘radi. Shunda men Samoviy Xudoga ibodat qilib, shohga shunday javob berdim: — Agar shoh hazratlari ma’qul topsalar, bu qulingiz shoh hazratlaridan marhamat topgan bo‘lsa, meni Yahudo yurtiga — ota–bobolarimning qabrlari joylashgan shaharga yuborsalar, deb iltimos qilmoqchi edim, toki men u shaharni qaytadan qurayin. — Malika ham shohning yonida o‘tirgan edi. Shoh mendan: — Qancha vaqt yo‘l yurasan? Qachon qaytib kelasan? — deb so‘radi. Shoh menga marhamat qilib, ijozat berdi. Men unga qachon qaytib kelishimni aytdim. So‘ngra shohga yana dedim: — Agar shoh hazratlari ma’qul deb topsalar, Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimlariga maktublar yozib berilsa, toki Yahudoga kirib borishim uchun ular menga ijozat berishsin. Yana shoh hazratlarining o‘rmon qorovuli Osifga ham maktub yozilib, unga ko‘rsatma berilsa. Ma’bad yonidagi qal’a darvozalari uchun, shahar devori uchun va o‘zim yashaydigan uy uchun yog‘och tayyorlagani u menga daraxtlar kesib bersin. Men nima so‘ragan bo‘lsam, shoh hammasiga ijozat berdi, chunki Xudoyimning marhamati menga yor edi. Shoh bir necha lashkarboshisini va otliq sipohlarini menga hamroh qilib jo‘natdi. Men Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimlari huzuriga borib, ularga shohning maktublarini berdim. Bayt–Xo‘ronlik Sanballat va Ommonlik malay To‘viyo: “ Isroil xalqining manfaati uchun jon kuydiradigan bittasi kelibdi”, degan gapni eshitib, g‘oyat g‘azablandilar. Shunday qilib, men Quddusga yetib keldim. Oradan uch kun o‘tgach, tunda o‘rnimdan turdim, yonimga bir nechta sheriklarimni olib, tashqariga chiqdim. Lekin Quddus haqidagi Xudo ko‘nglimga solgan rejamni hech kimga aytmadim. Men mingan eshakdan bo‘lak boshqa birorta hayvonni o‘zimiz bilan olmadik. Men tunda Soylik darvozasi orqali shahardan chiqib, Ajdar bulog‘iga, u yerdan Go‘ng darvozasiga bordim. Vayron bo‘lib yotgan Quddus devorini, yonib ketgan darvozalarini ko‘zdan kechirdim. So‘ngra Buloq darvozasiga va Shoh hovuziga bordim. Lekin minib borayotgan eshagim vayronalar orasidan yo‘l topa olmadi. Shu sababdan men Qidron soyligiga tushdim. Soylik bo‘ylab chiqib borib, o‘sha yerdan devorni ko‘zdan kechirishda davom etdim. So‘ng ortimga qaytib, Soylik darvozasi orqali shaharga kirdim. Qayerga borganimni, nima qilayotganimni shahar amaldorlari bilmasdilar. Men yahudiylarga, ruhoniylarga, yo‘lboshchilarga, amaldorlarga va ishda qatnashadigan boshqa odamlarga hali hech gap aytmagandim. Nihoyat, endi ularga shunday dedim: “Qanchalar kulfatda qolganimizni o‘zlaringiz ko‘rib turibsizlar! Quddus vayron bo‘lib yotibdi, shaharning darvozalari yonib ketgan. Kelinglar, shahar devorini qaytadan quraylik, sharmandali ahvolimizdan qutulaylik.” Xudoyimning marhamati menga yor bo‘lganini va shohning menga aytgan gaplarini ularga aytib berdim. Ular: “Qurilishni boshlaylik”, deyishdi. Shunday qilib, ular ishni boshlashga tayyor bo‘ldilar. Bayt–Xo‘ronlik Sanballat, Ommonlik malay To‘viyo va Arabistonlik Gashim buni eshitib, bizning ustimizdan kuldilar, nafrat bilan shunday dedilar: — Bu qilayotganlaringiz nimasi?! Sizlar shohga qarshi isyon ko‘taryapsizlarmi?! Men ularga shunday javob berdim: — Samoviy Xudo ishimizning barorini beradi. Biz, Uning qullari, devorni qayta qurishni boshlaymiz. Ammo sizlar bizga gaplaringni o‘tkaza olmaysizlar, qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. Sizlar bizning diniy marosimlarimizda ham qatnasha olmaysiz. Oliy ruhoniy Eliashab qo‘li ostidagi ruhoniylar bilan ishga kirishib, Qo‘y darvozasini qaytadan qurdilar. So‘ngra darvozani Xudoga bag‘ishlab, darvozaning qanotlarini o‘rnatdilar. Miyo minorasidan Xanonil minorasigacha bo‘lgan devorni ham Xudoga bag‘ishladilar. Yerixo shahridan bo‘lgan erkaklar devorning keyingi qismini qurdilar. Ulardan keyingi qismini esa Imri o‘g‘li Zakkur qurdi. Xassano urug‘i Baliq darvozasini qurdi. Ular darvozaning yondorlarini tiklab, darvoza qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini o‘rnatdilar. Devorning undan keyingi qismida Xakko‘zning nabirasi, Uriyoning o‘g‘li Miromo‘t ta’mirlash ishlarini olib bordi. Keyingi qismida Mashazavilning nabirasi, Barxiyoning o‘g‘li Mashullom, undan keyingi qismida Bano o‘g‘li Zodo‘x ta’mirlash ishlarini olib bordilar. Keyingi qismida Taxuva shahridan bo‘lgan erkaklar ta’mirlash ishlarini olib bordilar. Lekin shaharning zodagonlari qurilish nazoratchilari buyurgan ishlardan bosh tortdilar. Posiyox o‘g‘li Yo‘xadax va Besodayax o‘g‘li Mashullom Yashono darvozasini ta’mirladilar. Ular darvozaning yondorlarini tiklab, darvoza qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini o‘rnatdilar. Devorning navbatdagi qismida Givonlik Malatiyo, Mirono‘tlik Yodo‘n, shuningdek, Givon va Mispax aholisining erkaklari ta’mirlash ishlarini olib bordilar. Mispax shahri Furot daryosining g‘arbidagi viloyatning ma’muriy markazi edi. Devorning keyingi qismida zargarlardan biri Xarhiyo o‘g‘li Uziyol ta’mirlash ishlarini olib bordi. Uning yonida attorlardan biri Xanoniyo ta’mirlash ishlarini olib bordi. Ular Quddus devorining Keng devorgacha bo‘lgan qismini ta’mirladilar. Devorning keyingi qismida Xur o‘g‘li Rafiyo ta’mirlash ishlarini olib bordi. Rafiyo Quddus hududining yarmini boshqaruvchi hokim edi. Undan keyin Xarumaf o‘g‘li Yodiyo o‘z uyining ro‘parasidagi devorni ta’mirladi. Devorning keyingi qismida Xashavniyo o‘g‘li Xattush ta’mirlash ishlarini olib bordi. Xarim o‘g‘li Malkiyo va Paxatmo‘ab o‘g‘li Xashshub devorning keyingi qismini va Tandir minorasini ta’mirladilar. Devorning keyingi qismida Xalloxesh o‘g‘li Shallun o‘z qizlari bilan ta’mirlash ishlarini olib bordi. Shallun Quddus hududining ikkinchi yarmini boshqaruvchi hokim edi. Zono‘vax aholisi va Xanun Soylik darvozasini ta’mirlashdi. Ular darvozani qurib, darvozaning qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini o‘rnatishdi, devorning ming tirsak uzunligidagi Go‘ng darvozasigacha bo‘lgan qismini ham ta’mirlashdi. Bayt–Xakerem hududining hokimi Raxav o‘g‘li Malkiyo Go‘ng darvozasini ta’mirladi. U darvozani qurib, darvozaning qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini o‘rnatdi. Mispax hududining hokimi Xolxozi o‘g‘li Shallum Buloq darvozasini ta’mirladi. U darvozani qurib, ustini yopdi va darvozaning qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini o‘rnatdi. Shuningdek, Siloam hovuzi yonidagi devorni ham qaytadan qurdi. Devorning bu qismi shohning bog‘idan to Dovud qal’asidan pastga ketgan zinapoyagacha cho‘zilgan edi. Undan keyin Ozbuk o‘g‘li Naximiyo ta’mirlash ishlarini olib bordi. Naximiyo Bayt–Zur hududining yarmini boshqaruvchi hokim edi. U devorni Dovud qabristonining ro‘parasigacha — sun’iy hovuz va Jangchilar uyigacha bo‘lgan qismini ta’mirladi. Quyidagi levilar devorning keyingi bir necha qismlarini qaytadan qurdilar: Banix o‘g‘li Raxum keyingi qismini qurdi. Keylax hududining yarmini boshqaruvchi hokim Xashaviyo o‘z hududi nomidan keyingi qismini qurdi. Undan keyingi qismini ularning birodarlari Xanadod o‘g‘li Binnuy boshchiligida qurishdi. Binnuy Keylax hududining ikkinchi yarmini boshqaruvchi hokim edi. Keyingi qismida Mispax shahri hokimi Yeshuva o‘g‘li Eyzar ta’mirlash ishlarini olib bordi. U aslahaxonaga chiqadigan yo‘lning ro‘parasidagi devorni g‘isht tirgovuchigacha bo‘lgan qismini ta’mirladi. Zabbay o‘g‘li Borux devorning keyingi qismini — g‘isht tirgovuchidan oliy ruhoniy Eliashabning uyi eshigigacha bo‘lgan qismni ta’mirladi. Xakko‘zning nabirasi, Uriyo o‘g‘li Miromo‘t devorning keyingi qismini — Eliashab uyining eshigi ro‘parasidan to uyning oxirigacha bo‘lgan qismini ta’mirladi. Quddus atrofida istiqomat qiladigan ruhoniylar devorning navbatdagi qismini ta’mirladilar. Ulardan keyin Benyamin va Xashshub devorning o‘z uylari ro‘parasidagi qismini ta’mir qildilar. Ulardan keyin Ononiyohning nabirasi, Masiyoning o‘g‘li Ozariyo o‘z uyining ro‘parasidagi qismini ta’mirladi. Xanadod o‘g‘li Binnuy devorning keyingi qismini — Ozariyoning uyidan to devorning burchagidagi g‘isht tirgovuchigacha bo‘lgan qismini ta’mirladi. Uzay o‘g‘li Polol devorning g‘isht tirgovuchidan boshlangan qismini ta’mirladi. Devorning bu qismi soqchilar hovlisi yonidagi shohning yuqori saroy minorasi ro‘parasida joylashgan edi. Paro‘sh o‘g‘li Podiyo va Ofel tepaligida istiqomat qiluvchi Ma’bad xizmatkorlari devorning keyingi qismini ta’mirladilar. Ular devorning sharq tomonidagi Suv darvozasigacha va baland minoragacha bo‘lgan qismini ta’mirladilar. Taxuvalik erkaklar devorning keyingi qismini ta’mirladilar. Ular baland minoraning ro‘parasini to Ofel devorigacha ta’mir qildilar. Ruhoniylar guruhi devorning Ot darvozasidan tepalikka tomon ketgan qismini ta’mirladilar. Har biri o‘z uyining ro‘parasini ta’mir qildi. Immar o‘g‘li Zodo‘x o‘z uyining ro‘parasini ta’mirladi. Shaxaniyo o‘g‘li Shamayo devorning keyingi qismini ta’mirladi. Shaxaniyo Ma’badning Sharqiy darvozasi darvozaboni edi. Shalamiyo o‘g‘li Xanoniyo va Zalafning oltinchi o‘g‘li Xanun devorning keyingi qismini ta’mirladi. Barxiyo o‘g‘li Mashullom o‘zining uyi ro‘parasini ta’mirladi. Zargarlardan biri Malkiyo devorning burchagidagi yuqori xonagacha bo‘lgan qismni ta’mirladi. Ma’bad xizmatkorlarining va savdogarlarning uyi shu yerda — Nazorat darvozasi yonida joylashgan edi. Devorning burchakdagi yuqori xonadan Qo‘y darvozasigacha bo‘lgan qismini zargarlar va savdogarlar ta’mirladilar. Sanballat devorni qurayotganimizni eshitdiyu jahli chiqib, qattiq g‘azablandi. So‘ng yahudiylarni masxaralay boshladi. U sheriklarining va Samariya lashkarboshlarining oldida shunday dedi: “Bu ojiz yahudiylar nima qilyaptilar o‘zi?! O‘zlaricha devorni ta’mirlamoqchilarmi?! Bu ishni bir kunda bitirib, qurbonlik kuydirishni ham o‘ylayaptilar, shekilli–a?! Yonib bitgan vayronalardan toshlarga jon ato qilmoqchilarmi?!” Ommonlik To‘viyo Sanballatning yonida edi. U ham shunday dedi: “Ular qurayotgan bu devor ustiga hatto tulki chiqsa ham, devor qulab tushadi.” Shunda men ibodat qilib dedim: “Ey Xudoyimiz! Bizlarni qanchalik xor qilishayotganini eshitib qo‘y! Ularning masxaralashlarini o‘zlarining boshiga sol. Ular surgun bo‘lishsin, dushmanlariga o‘lja bo‘lishsin. Ularning ayblaridan o‘tma, gunohlarini unutma! Axir, ular binokorlar oldida Seni haqorat qildilar.” Biz devorni quraverdik, xalq chin dildan ishlagani uchun, tez orada devorni yarmigacha ko‘tarib bo‘ldik. Devorni ta’mirlash ishlari yaxshi ketib, devorning o‘pirilgan joylari tiklana boshlagan edi. Sanballat, To‘viyo, Arabistonliklar, Ommonliklar va Ashdodliklar bu haqda eshitib, qattiq g‘azablandilar. Hammalari birgalikda til biriktirib, Quddusga hujum qilishga va shaharni sarosimaga solishga qasd qildilar. Lekin biz Xudoyimizga iltijo qildik, shaharni va o‘zimizni kechayu kunduz ulardan himoya qilish uchun qo‘riqchilar tayinladik. Yahudo xalqi esa shunday deb nola qilar edi: Og‘ir yuk tashuvchilarning holi qolmadi, Axlatning–chi oxiri ko‘rinmaydi! Bu devorni bitirishga hech ko‘zimiz yetmaydi. Dushmanlarimiz esa quyidagicha reja qilishardi: “Biz bildirmasdan, ko‘rinmay ularning ustiga bostirib boramiz–da, hammalarini o‘ldiramiz, ishlarini to‘xtatamiz.” Ularga qo‘shni bo‘lgan yahudiylar ham har tomondan o‘n martacha oldimizga kelishdi va bizni shunday deb ogohlantirdi: “Xavf ostida qoldingizlar. Yaxshisi, bu joydan chiqib ketinglar, borib, biz bilan yashanglar.” Shuning uchun men devorning eng past joylari orqasiga, ochiq joylariga qilich, nayza va yoy bilan qurollangan odamlarni urug‘lari bo‘yicha joylashtirdim. Keyin ahvolni ko‘rib, yo‘lboshchilarga, amaldorlarga va qolgan xalqqa aytdim: “Dushmanlardan qo‘rqmanglar. Rabbiyni yodingizda tutinglar. U qudratli va haybatli Xudodir. Qarindosh–urug‘laringizni, o‘g‘il–qizlaringizni, xotinlaringizni, uy–joylaringizni himoya qilish uchun jang qilinglar!” Dushmanlarimizning bizga qarshi o‘ylagan fitnalaridan xabardor ekanimizni ularning o‘zlari ham eshitishdi. Ularning niyatini Xudo puchga chiqargan edi. Shunday qilib, hammamiz yana devorni ta’mirlash ishlariga qaytdik. Har kim o‘z ishiga bordi. [16-17] O‘sha kundan boshlab odamlarimning yarmi qurilishda ishladi, yarmi esa sovut kiyib, nayza, qalqon va yoy ushlab, soqchilik qildi. Yo‘lboshchilar devorni qurayotgan Yahudo odamlarining yonida o‘z joylarini egallashdi. Og‘ir yuk tashuvchilar bir qo‘li bilan mehnat qilib, bir qo‘lida qurol ushlab, o‘z vazifalarini bajarardilar. *** Devor qurayotganlarning har biri yoniga qilich bog‘lagan holda ish qilar edi. Burg‘u chaladigan odam ham doim yonimda edi. Men yo‘lboshchilarga, amaldorlarga va qolgan xalqqa aytdim: “Ishimiz katta, oramizdagi masofa uzoq, shuning uchun devor bo‘ylab bir–birimizdan ajralib qolganmiz. Burg‘u ovozini eshitishingiz bilanoq, bizga qo‘shilinglar. Xudoyimiz biz uchun jang qiladi!” Biz shu yo‘sinda mehnat qilardik. Odamlarning yarmi erta tongdan osmonda yulduzlar ko‘ringuncha nayza ushlab soqchilik qilardi. Men o‘sha paytda odamlarga shunday deb aytdim: “Sizlar o‘z yordamchilaringiz bilan tunni Quddusning ichkarisida o‘tkazinglar. Tunda soqchilik qilinglar, kunduzi esa ishlanglar.” Shunday qilib, hech birimiz — men ham, qarindosh–urug‘larim ham, odamlarim ham, yonimdagi qo‘riqchilar ham shu vaqt davomida hatto kechasi ham kiyimlarimizni yechmadik. Qurollarimiz doimo yonimizda edi. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, ba’zi erkagu ayollar o‘z yahudiy birodarlaridan qattiq noliy boshlashdi. Ulardan ba’zilari shunday deb aytishardi: “Biz ko‘pchilikmiz, bola–chaqamiz ko‘p. Bizga bug‘doy kerak, bo‘lmasa ochlikdan o‘lib qolamiz.” Boshqa ba’zi birlari esa shunday deb aytishardi: “Ocharchilik paytida donimiz bo‘lsin, deb dalalarimizni, uzumzorlarimizni, uylarimizni garovga beryapmiz.” Yana birovlari shunday deb nolishardi: “Dalalarimiz va uzumzorlarimiz solig‘ini shohga to‘lash uchun pulni qarzga olyapmiz. Bizning yahudiy birodarlarimizdan kam joyimiz yo‘q! Ularning bolalari bizning bolalarimizdan ortiq emas. Lekin o‘g‘il–qizlarimizni qul, cho‘ri qilib sotishga majbur bo‘lyapmiz. Ha, qizlarimizdan ba’zilari cho‘ri qilib sotildi ham. Bu xususda biror narsa qilishga ojizmiz. Axir, dalalarimiz, uzumzorlarimiz endi boshqalarning qo‘lida.” Ularning dod–faryodlarini, shikoyatlarini eshitib, qattiq g‘azablandim. Bu to‘g‘rida mulohaza qilib, yo‘lboshchilar bilan amaldorlarni koyidim: “Sizlar hali birodarlaringizning garovga qo‘ygan mulklarini tortib olyapsizlarmi?!” So‘ngra katta bir yig‘in chaqirtirib, yo‘lboshchilarga tanbeh berdim: “Butparast xalqlarga qul va cho‘ri qilib sotilgan yahudiy birodarlarimizni imkonimiz boricha qaytarib sotib oldik. Endi esa birodarlaringizning qullikka sotilishiga o‘zlaringiz sababchi bo‘lyapsizlar. Ularni biz yana qaytarib sotib olishimiz kerakmi?!” Yo‘lboshchilar va amaldorlar sukut saqlab, miq etmay turaverdilar. Men gapimni davom ettirdim: “Qilayotgan ishlaringiz yaxshi emas. Dushman xalqlarga masxara bo‘lmasligingiz uchun Xudoyimizdan qo‘rqib yurishlaringiz kerak emasmi?! Mana, mening yaqinlarim, odamlarim, hatto o‘zim ham yahudiy birodarlarimizga qarzga pul va bug‘doy berib turibmiz. Kelinglar, endi ularning garovga qo‘yilgan narsalarini tortib olmaylik! Sizlar ulardan tortib olgan dalalarni, uzumzorlarni, zaytunzorlarni, uylarni, foiz qilib olgan pullarni, donni, sharobni, zaytun moyini hoziroq o‘zlariga qaytarib beringlar.” Yo‘lboshchilar va amaldorlar shunday dedilar: “Aytganlaringizni qilamiz. Biz ularning hamma narsasini qaytarib beramiz, ulardan endi hech narsa talab qilmaymiz.” Men ruhoniylarni chaqirdim, bergan va’dalarini bajarishlari uchun yo‘lboshchilar va amaldorlarga qasam ichirdim. So‘ng belbog‘imni yechib qoqdim–u shunday dedim: “Shu va’dani bajarmaganni Xudo xuddi shunday qilib qoqib yuborsin. Uni uyidan va mol–mulkidan mahrum qilsin. Xudo o‘sha odamlarni qup–quruq qoldirsin.” Butun jamoa “Omin”, deb, Egamizga hamdu sanolar aytdi. Yo‘lboshchilar va amaldorlar bergan va’dalarida turdilar. Men Yahudo yurti hokimi etib tayinlanganim uchun xalqdan oziq–ovqat talab qilish huquqiga ega edim. Lekin hokimligimning o‘n ikki yili davomida — Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yilidan to o‘ttiz ikkinchi yiligacha men xalqdan o‘zim uchun ham, qarindosh–urug‘larim uchun ham hech qanday oziq–ovqat talab qilmadim. Mendan oldingi hokimlar xalqdan kuniga qirq kumush tanga bilan birga oziq–ovqat va sharob ham olib, xalqning yelkasiga minib olgan ekan. Hatto hokimlarning odamlari ham xalqqa hukmini o‘tkazardilar. Men esa Xudodan qo‘rqqanim uchun shunday qilmadim. Buning o‘rniga men butun kuchimni devorni qayta qurishga bag‘ishladim. Odamlarimning hammasi ta’mirlash ishlariga bel bog‘lagan edi. Yer sotib olishga vaqtimizni sarflab o‘tirmadik. Mening dasturxonimdan har kuni 150 yahudiy va ularning amaldorlari taom yer edilar. Bulardan tashqari, atrofdagi xalqlardan kelgan mehmonlarning oyog‘i menikidan uzilmas edi. Har kungi dasturxonimga bitta buqa, oltita semiz qo‘y va bir qancha tovuqlar talab qilinardi. Har o‘n kunda mesh–mesh turli xil sharob kerak bo‘lardi. Lekin xalq shusiz ham og‘ir soliqlar ostida qolib ketganini bilar edim. Shu bois men hokim sifatida talab qilishga haqqim bo‘lgan oziq–ovqatdan voz kechdim. Ey Xudoyim! Bu xalq uchun qilgan hamma ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darig‘ tutmagin. Sanballat, To‘viyo, Arabistonlik Gashim va boshqa dushmanlarimiz devorni qurib bo‘lganimni, devorda bironta ham o‘pirilgan joy qolmaganini eshitishdi. Lekin darvozalarning qanotlarini hali o‘rnashtirib bo‘lmagan edim. Shunda Sanballat va Gashim menga: “Kel, Ono‘ tekisligidagi qishloqlardan birida uchrashaylik”, deb xabar jo‘natishdi. Lekin ular menga shikast yetkazishga qasd qilayotgan edilar. Shuning uchun ularga xabarchilar orqali shunday javob berdim: “Men muhim ish bilan bandman, bora olmayman. Sizlarning oldingizga ketsam, ish to‘xtab qoladi!” Ular menga to‘rt marta shunday xabar jo‘natishdi, men bir xil javob beraverdim. Beshinchi marta Sanballatning odami qo‘lida ochiq maktub bilan keldi. Maktub shunday yozilgan edi: “Boshqa xalqlar orasida shunday mish–mishlar yuribdi, Gashim ham o‘sha gapni aytyapti: sen va yahudiylar isyon qilmoqchi bo‘lib, devorni qurayotgan ekansizlar. Xabarlarga qaraganda, sen yahudiylarning shohi bo‘lishni mo‘ljallayotgan ekansan. Sen Quddusda payg‘ambarlar tayinlabsan. Payg‘ambarlar: “ Yahudoning shohi bor”, deb sen to‘g‘ringda bashorat qilishayotgan ekan. Bu gap–so‘zlar albatta shohning qulog‘iga yetib boradi. Taklifim shuki, kelgin, bu haqda maslahatlashib olaylik.” Men unga shunday javob jo‘natdim: “Aytganlaringning hammasi yolg‘on. Hammasini o‘zing to‘qib chiqargansan.” Ular bizni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan, “Shunday qilsak, ularning qo‘llari ishdan soviydi, ishlari oxiriga yetmay qolib ketadi”, deb o‘ylagan edilar. Shuning uchun, men: “Ey Xudo, menga kuch ber!” deb yolvordim. Bir kuni men Maxitavalning nabirasi, Daloyoning o‘g‘li Shamayonikiga bordim. U uyiga berkinib olgan ekan. Shamayo menga shunday dedi: Kel, Xudoning uyida uchrashaylik, Muqaddas xonasiga kirib olaylik, Eshiklarini berkitib qo‘yaylik. Axir, dushmanlaring seni o‘ldirgani kelyaptilar, Shu kecha joningga qasd qilmoqchi bo‘lyaptilar. — Lekin men shunday javob berdim: — Mening martabamdagi odam bunday vaziyatda qocharmidi?! Muqaddas xonada yashirinib olsam, jonimni haqiqatdan ham qutqara olaman, deb o‘ylayapsizmi?! Muqaddas xonaga hecham kirmayman! Shamayoning so‘zlari Xudodan emasligini men aniq bildim. To‘viyo va Sanballat Shamayoni yollaganlari uchun, u menga shu xabarni bergan edi. Ularning bundan maqsadi meni qo‘rqitish, aytganlarini qildirib, meni gunohga botirish edi. Shunda obro‘yim to‘kilib, ularga mazax bo‘lgan bo‘lardim. Ey Xudoyim! To‘viyo bilan Sanballatning qilmishlarini yodingda tut. Meni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan payg‘ambar ayol Novadiyoning va boshqa payg‘ambarlarning qilmishlarini unutma, ularning jazosini ber. Shunday qilib, devor Elul oyining yigirma beshinchi kuni — ellik ikki kunda bitkazildi. Atrofdagi xalqlardan bo‘lgan dushmanlarimiz buni eshitishib, qo‘rqdilar, xijolatda qoldilar. Chunki bu ish Xudoyimizning madadi bilan qilinganini ular bildilar. Ellik ikki kun davomida Yahudo yo‘lboshchilari va To‘viyo bir–birlari bilan maktub yozishib turdi. Chunki Yahudo yurtidagi ko‘p odam To‘viyoga sodiq edi, bunga ikkita sabab bor edi: To‘viyoning qaynatasi Orax o‘g‘li Shaxaniyo edi, To‘viyoning o‘g‘li Yoxuxanon esa Barxiyo o‘g‘li Mashullomning qiziga uylangan edi. O‘sha odamlar mening oldimda To‘viyoning savob ishlaridan gapirishar, o‘z navbatida mening gaplarimni unga yetkazishar edi. To‘viyo esa meni qo‘rqitish niyatida maktub jo‘natardi. Devor qurilib, men darvozalarning qanotlarini o‘rnattirib bo‘lganimdan keyin, Ma’bad darvozabonlari, qo‘shiqchilar va levilar tayinlandi. Men ukam Xoninni va qal’a qo‘mondoni Xanoniyoni Quddus ustidan hokimlar qilib tayinladim. Xanoniyo sodiq odam bo‘lib, boshqalarga qaraganda Xudodan qo‘rqardi. Men ularga shunday deb aytdim: “Kun issiq paytida Quddus darvozalarini ochiq qoldirmanglar. O‘sha paytda navbatchilikda turgan soqchilar darvozalarni berkitib, qulflab qo‘ysinlar. Quddus aholisi orasidan ham qo‘riqchilarni tayinlanglar. Ularning ba’zilari maxsus joylarni, boshqalari esa o‘zlarining uylari atrofini qo‘riqlashsin.” Quddus keng, katta shahar edi. Lekin shaharda ko‘p odam yashamas, hali uylar ko‘p qurilmagan edi. Shunda yo‘lboshchilarni, amaldorlarni va xalqni to‘plab, urug‘lari bo‘yicha ro‘yxat tuzishni Xudoyim ko‘nglimga soldi. Men Yahudoga asirlikdan birinchi bo‘lib qaytib kelganlarning nasabnomasi ro‘yxatini topdim. Nasabnoma kitobida quyidagilar yozilgan edi: [6-7] Bobil shohi Navuxadnazar asir qilib olib ketgan yahudiylarning bir qismi Quddusga va Yahudo yurtidagi o‘zlarining shaharlariga qaytib kelib, o‘rnashdilar. Ular Zarubabel, Yoshua, Naximiyo, Ozariyo, Ramiyo, Naxamonax, Mordaxay, Bilshon, Mispar, Big‘vay, Nixum va Banax boshchiligida qaytib kelgan edilar. Asirlikdan qaytib kelgan Isroil erkaklarining soni quyidagicha edi: *** Paro‘sh urug‘idan — 2172 ta erkak. Shafatiyo urug‘idan — 372 ta erkak. Orax urug‘idan — 652 ta erkak. Paxatmo‘ab, ya’ni Eshuva hamda Yo‘ab urug‘laridan — 2818 ta erkak. Elam urug‘idan — 1254 ta erkak. Zattu urug‘idan — 845 ta erkak. Zakkay urug‘idan — 760 ta erkak. Binnuy urug‘idan — 648 ta erkak. Bo‘vay urug‘idan — 628 ta erkak. Ozgad urug‘idan — 2322 ta erkak. Odonixam urug‘idan — 667 ta erkak. Big‘vay urug‘idan — 2067 ta erkak. Adin urug‘idan — 655 ta erkak. Oter, ya’ni Hizqiyo urug‘idan — 98 ta erkak. Xashum urug‘idan — 328 ta erkak. Bezay urug‘idan — 324 ta erkak. Xorif urug‘idan — 112 ta erkak. Givon urug‘idan — 95 ta erkak. Baytlahmlik va Natufolik — 188 ta erkak. Onoto‘tlik — 128 ta erkak. Bayt–Ozmobitlik — 42 ta erkak. Xirat–Yorimlik, Xafiralik va Bero‘tlik — 743 ta erkak. Ramalik va G‘ibolik — 621 ta erkak. Mixmashlik — 122 ta erkak. Baytillik va Aylik — 223 ta erkak. Navolik — 52 ta erkak. Elamlik — 1254 ta erkak. Xarimlik — 320 ta erkak. Yerixolik — 345 ta erkak. Lo‘dlik, Hodidlik va Ono‘lik — 721 ta erkak. Sanolik — 3.930 ta erkak. Asirlikdan qaytib kelgan ruhoniylarning soni quyidagicha edi: Yoshua naslidan, aniqrog‘i Yodiyo urug‘idan — 973 ta erkak. Immar urug‘idan — 1052 ta erkak. Pashxur urug‘idan — 1247 ta erkak. Xarim urug‘idan — 1017 ta erkak. Asirlikdan qaytib kelgan levilar urug‘larining soni quyidagicha edi: Xo‘davo naslidan bo‘lgan Yeshuva, aniqrog‘i Kadmil urug‘idan — 74 ta erkak. Osif urug‘idan bo‘lgan qo‘shiqchilar — 148 ta erkak. Shallum, Oter, Talmo‘n, Oqquv, Xatita va Sho‘vay urug‘laridan bo‘lgan Ma’bad darvozabonlari — 138 ta erkak. Asirlikdan qaytib kelgan Ma’bad xizmatkorlarining urug‘lari quyidagilar edi: Zixo, Xasufa, Tabbayo‘t, Kerosh, Siyo, Pado‘n, Lavon, Xagava, Shalmay, Xanon, Giddol, Gaxar, Rayo, Ratan, Nakudo, G‘azzom, Uzzo, Posiyox, Besay, Munim, Nafusim, Bobuh, Xakufa, Xorxur, Bazulat, Maxido, Xarsha, Borkis, Sisaro, Tamax, Naziyo, Xatifa. Sulaymon qarollarining asirlikdan qaytib kelgan urug‘lari quyidagilar edi: So‘tay, So‘farat, Paridax, Yalox, Darxun, Giddol, Shafatiyo, Xattil, Paxarathazzavoyim, Omon. Ma’bad xizmatkorlari va Sulaymonning qarollari urug‘laridan bo‘lganlarning jami 392 kishi edi. Quyidagilar Tel–Malax, Tel–Xarsha, Xarub, Ado‘n va Immar shaharlaridan kelgan edilar, lekin o‘zlarining urug‘boshisi Isroil nasliga mansubligini isbotlay olmasdilar: Daloyo, To‘viyo va Nakudo urug‘lari — 642 kishi. [63-64] Quyidagi ruhoniylar urug‘lari o‘z nasabnomasini topa olmadilar: Xavayo, Xakko‘z va Borzulay urug‘lari (Borzulayning bobosi Giladlik Borzulay degan odamning qiziga uylangan bo‘lib, bu urug‘ o‘sha ayolning urug‘i nomi bilan yuritilar edi.) Shu sababdan ular xizmat qilishga nopok hisoblanib, ruhoniylikka qabul qilinmadilar. *** Yahudo hokimi ularga shunday dedi: “Birorta ruhoniy Xudodan Urim va Tummim orqali ruhoniy ekanligingizni so‘rab, tasdiqlamaguncha, sizlar nazrlarning ruhoniylarga tegishli ulushidan tanovul qilmaysizlar.” Bu jamoa jami 42.360 kishidan iborat edi. Bulardan tashqari, qul va cho‘rilari — 7.337 kishi, qul va cho‘ri qo‘shiqchilar 245 kishi edi. Jamoaning 736 ta oti, 245 ta xachiri, 435 ta tuyasi, 6.720 ta eshagi bor edi. Ba’zi urug‘boshilar qurilish ishlari uchun in’omlar berdilar. Hokim ham xazinaga 1000 oltin tanga, 50 ta tog‘oracha va ruhoniylar uchun 530 ta ko‘ylak berdi. Ba’zi urug‘boshilar inshoot qurilishi uchun xazinaga 20.000 oltin tanga, 80 pud kumush berdilar. Qolgan xalq jami 20.000 oltin tanga, 75 pud kumush va ruhoniylar uchun 67 ta ko‘ylak berdilar. Shunday qilib, ruhoniylar, levilar, Ma’bad darvozabonlari, qo‘shiqchilar, Ma’bad xizmatkorlari va xalqning qolganlari o‘z shaharlariga borib joylashdilar. Yettinchi oyda Isroil xalqi o‘z shaharlarida o‘rnashib olgandan keyin,butun xalq Suv darvozasi oldidagi maydonda to‘plandi. Ular tafsirchi Ezraga: “Isroil xalqiga Muso orqali Egamiz bergan Tavrotni olib keling”, deb aytdilar. Shunday qilib, yettinchi oyning birinchi kunida ruhoniy Ezra Tavrotni jamoa oldiga olib keldi. Erkagu ayol, esini tanigan hamma odam shu yerda edi. Ezra Suv darvozasining oldidagi maydonda sahardan peshingacha jamoaga Tavrotni o‘qib berdi. Jamiki xalq diqqat bilan quloq solib tingladi. Tafsirchi Ezra yig‘in uchun tayyorlangan baland yog‘och supa ustida turardi. Uning o‘ng tomonida Mattitiyo, Shama, Onoyoh, Uriyo, Xilqiyo, Masiyo va chap tomonida Podiyo, Mishail, Malkiyo, Xashum, Xashbaddanax, Zakariyo, Mashullom turardi. Ezra baland supa ustida turgani uchun jamiki xalq uni ko‘rib turar edi. U butun xalqning ko‘zi oldida Tavrot kitobini ochdi. Ezra kitobni ochganda, butun xalq o‘rnidan turdi. So‘ngra Ezra ulug‘vor Xudo — Egamizni olqishladi, jamiki xalq qo‘llarini ko‘tarib, “Omin, Omin”, dedi. So‘ng xalq ikki bukilib, Egamizga ta’zim qildi. Xalq joyida turar ekan, levilar — Yeshuva, Banix, Sharaviyo, Yomin, Oqquv, Shabbatay, Xo‘diyo, Masiyo, Kilit, Ozariyo, Yo‘zabad, Xanon va Paliyo xalqqa Tavrotni tushuntirar edilar. Ular Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib, o‘qiganlarini tarjima qilib berardilar, Tavrotning mazmunini tushuntirardilar, shuning uchun xalq o‘qilganlarni tushundi. Butun xalq Tavrot so‘zlarini eshitganlarida yig‘ladi. Lekin hokim Naximiyo, ruhoniy va tafsirchi bo‘lgan Ezra, shuningdek, xalqqa Tavrotni tushuntirgan levilar butun jamoaga aytdilar: “Bugungi kun Egamiz Xudoga bag‘ishlangan muqaddas kundir, shuning uchun qayg‘urmanglar, yig‘lamanglar.” Keyin Ezra xalqqa dedi: “Endi uylaringizga qaytib boringlar, yog‘li taomlar yeb, shirin sharob ichinglar. Hech narsa tayyorlamaganlarga taomlaringizdan beringlar. Bugungi kun Rabbimizga bag‘ishlangan muqaddas kundir. Bugun qayg‘urmanglar, axir, Egamiz tufayli topgan sevinchingiz najot qo‘rg‘oningizdir.” Levilar ham jamiki xalqqa: “Xotirjam bo‘linglar, qayg‘uga botmanglar, chunki bu kun muqaddasdir”, deb tasalli berdilar. Jamiki xalq Tavrotdan eshitgan so‘zlarini anglab tushunganlari uchun, yeb–ichgani, taom ulashib, katta xursandchilik qilgani uylariga ketishdi. Ertasi kuni jamiki xalqning urug‘boshilari, ruhoniylar va levilar Tavrot so‘zlarini o‘rganish uchun tafsirchi Ezraning huzuriga kelishdi. Ular Tavrotni o‘rganib, Muso orqali Egamiz bergan Chayla bayrami haqidagi amrni topdilar. Bu amrga ko‘ra, Isroil xalqi yettinchi oyda nishonlanadigan Chayla bayrami kunlarida chaylalarda yashashlari kerakligini bildilar. Bundan tashqari, Quddusda va Isroil xalqining hamma shaharlarida quyidagilar e’lon qilinishi kerakligini ham bilib oldilar: “Tavrotda yozilgan ko‘rsatmalarga muvofiq, qirlarga chiqinglar, chaylalar yasash uchun zaytun daraxti, mirta butasi, palma daraxtining va boshqa daraxtlarning shox–shabbalaridan olib kelinglar.” Shunday qilib, xalq borib, shox–shabbalar olib keldi va o‘zlari uchun chaylalar yasashdi. Ular chaylalarni uylarining tomlarida, hovlilarida, Xudoning uyi hovlisida, Suv darvozasi yonidagi maydonda, Efrayim darvozasi yonidagi maydonda yasadilar. Asirlikdan qaytgan hamma odamlar chaylalar yasab, o‘sha chaylalarda yashadilar. Nun o‘g‘li Yoshua davridan beri Isroil xalqi bunday bayramni nishonlamagan edi. Hamma g‘oyat xursand edi. Ezra har kuni — bayramning birinchi kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi. Tavrotda talab qilinganiday, ular yetti kun bayramni nishonladilar, sakkizinchi kuni muqaddas yig‘in bo‘ldi. Yettinchi oyning yigirma to‘rtinchi kuni Isroil xalqi yana yig‘in qildi. Ular qayg‘udan qanorga o‘ranib, boshlaridan tuproq sochib, ro‘za tutdilar. Isroil nasli o‘zlarini hamma begonalardan ayirib oldilar, so‘ng o‘zlarining va ota–bobolarining gunohlari uchun tavba qildilar. Ular taxminan uch soat davomida tik turib, Egasi Xudoning Tavrot kitobidan o‘qilgan so‘zlarni eshitdilar. Keyingi uch soat davomida esa tavba qilib, Egasi Xudoga sajda qildilar. O‘sha yerda levilar turadigan bir zina bor edi. Yeshuva, Banix, Kadmil, Shabaniyo, Bo‘nax, Sharaviyo, Banix va Xanonax o‘sha zinaga chiqib, Egasi Xudoga qattiq ovozda iltijo qildilar. So‘ngra levilardan bo‘lgan Yeshuva, Kadmil, Banix, Xashavniyo, Sharaviyo, Xo‘diyo, Shabaniyo va Patixiyo xalqqa da’vat qilib dedilar: “Endi turinglar, Egangiz Xudoni olqishlanglar!” Levilar hamdu sano o‘qidilar: “Ey Egamiz Xudo! Senga abadulabad hamdu sanolar bo‘lsin. Senga munosib hamdu sano aytishga tilimiz ojiz bo‘lsa–da, hamma Sening ulug‘vor nomingni olqishlasin. Yolg‘iz Sen Egamizdirsan! Sen osmonni, beqiyos falakni, undagi hamma samoviy jismlarni, zaminni, zamindagi hamma narsani, dengizlarni, dengizlardagi hamma narsani yaratgansan. Ularning hammasiga jon ato qilgan Sensan. Samodagi farishtalar Senga sajda qiladi. Sen Parvardigor Egamizsan. Sen Ibromni tanlab olding, uni Xaldeydagi Ur shahridan olib chiqding, unga Ibrohim, deb ism berding. Uning sodiqligiga amin bo‘lding. Shuning uchun u bilan ahd qilib, deding: “Sening nasllaringga Kan’on, Xet, Amor, Pariz, Yobus va Girgosh xalqlarining yurtlarini beraman.” Sen ahdingda turding, chunki Sen sodiq Xudosan. Ota–bobolarimizning Misrdagi azob–uqubatlarini O‘zing ko‘rding, ularning Qizil dengizda qilgan dod–faryodlarini eshitding. Sen fir’avnga, uning barcha a’yonlariga, Misr yurtining xalqiga qarshi alomatu mo‘jizalar ko‘rsatding. Chunki ular ota–bobolarimizga nisbatan surbetlarcha ish tutganlarini bilarding. O‘shanda qozongan dovrug‘ing shu kungacha saqlanib qolgan. Sen ota–bobolarimizning ko‘z o‘ngida dengizni ikkiga bo‘lding, shu bois ular dengiz orqali quruq yerdan o‘tdilar. Ularni ta’qib qilayotgan Misrliklarni esa Sen dengiz qa’riga uloqtirding. Ular bahaybat suvlarga toshday g‘arq bo‘ldilar. Sen kunduzi ota–bobolarimizni ustun shaklidagi bulut bilan boshlab bording, kechalari ustun shaklidagi alanga bilan ularning yo‘llarini yoritding. Sen Sinay tog‘i uzra kelib turding, samodan turib ularga gapirding, ularga adolatli qoidalar, to‘g‘ri qonunlar, yaxshi farmonlaru amrlar berding. Senga bag‘ishlangan Shabbat kuniga rioya qilish to‘g‘risida ularga ko‘rsatmalar berding. Quling Muso orqali ularga amrlar, farmonlar, qonunlar berding. Ular och qolganlarida, samodan non berding, chanqaganlarida qoyadan ularga suv chiqarib berding. Sen Kan’on yurtini ularga beraman, deya ont ichgan eding. So‘ng ularga, boringlar, o‘sha yerni mulk qilib olinglar, deb aytding. Lekin ota–bobolarimiz o‘zlariga bino qo‘yib, o‘jarlik qildilar, Sening amrlaringga itoat etmadilar. [17-18] Ular Senga itoat etishdan bosh tortdilar, ularning orasida ko‘rsatgan mo‘jizalaringni esga olmadilar. Shu qadar o‘jarlik qildilarki, Misrdagi qullikka qaytib borish uchun o‘zlariga yo‘lboshchi tayinladilar. Lekin Sen kechiradigan, inoyatli, rahmdil, jahli tez chiqmaydigan, sodiq sevgisi mo‘l Xudosan. Bizning ota–bobolarimiz o‘zlariga buqaning tasvirini yasab: “Mana bizlarni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz”, degan edilar. Shu tariqa o‘ta shakkoklik qilgan edilar. Hatto o‘shanda ham Sen ota–bobolarimizni tark etmading. *** Sen g‘oyat rahmdil bo‘lganing uchun ota–bobolarimizni sahroda tashlab ketmading. Ularni kunduzlari doim bulut ustuni bilan yo‘lda boshlab bording, kechalari yura olsin, deb doim alanga ustuni bilan yo‘llarini yoritding. Ularga o‘git bersin, deb ezgu Ruhingni baxsh etding, ularning og‘zidan mannani uzmading, chanqoqlarini bostirishsin, deb suv berding. Sen qirq yil sahroda ularga g‘amxo‘rlik qilding, ular hech narsaga muhtojlik sezmadilar, kiyimlari to‘zib ketmadi, oyoqlari shishib ketmadi. Sen ularga shohliklar va xalqlar ustidan g‘alaba ato qilding, qo‘lga kiritgan yerning har bir parchasini taqsimlab berding. Ular Xashbon shohi Sixo‘nning yurtini, Bashan shohi O‘gning yurtini mulk qilib oldilar. Sen ularning nasllarini samodagi yulduzlar singari ko‘paytirding. Ota–bobolariga va’da qilgan yurtga ularni olib kirding. Ular borib, Kan’on yurtini mulk qilib oldilar. Sen ularga Kan’on yurti aholisini bo‘ysundirib berding, bu yurtni shohlariyu mahalliy xalqlari bilan birga ularning qo‘llariga berib: “Bularga istaganingizni qilinglar”, deding. Ota–bobolarimiz mustahkam shaharlarni, hosildor yerlarni qo‘lga kiritdilar, ajoyib buyumlar bilan to‘la uylarga, qazilgan sardobalarga, uzumzorlarga, zaytunzorlarga, ko‘plab mevali daraxtlarga ega bo‘ldilar. Yeb to‘ydilar, semirdilar, Sening ulug‘ marhamatingdan ko‘ngillarini chog‘ qildilar. Lekin shunga qaramay, ular yana itoatsizlik qilib, Senga qarshi bosh ko‘tardilar. Qonunlaringni mensimadilar, “ Egamizga qaytinglar”, deb da’vat qilgan payg‘ambarlaringni o‘ldirdilar. O‘taketgan shakkokliklar qildilar. Shuning uchun Sen ularni dushmanlari qo‘liga berding, dushmanlari ularga zulm o‘tkazdilar. Ular azob tortganlarida Senga iltijo qilishdi, Sen ularning iltijolarini samodan turib eshitding. Buyuk rahm–shafqating tufayli ularga qutqaruvchilarni yubording. Qutqaruvchilar ularni dushmanlari qo‘lidan xalos qildilar. Lekin hammasi yaxshi bo‘lgandan keyin, ular Sening oldingda yana qabihlik qilishdi. Sen ularni yana dushmanlari qo‘liga berib, tark etding. Dushmanlari ular ustidan hukmronlik qilishdi. Ota–bobolarimiz yana Senga yuz burib, iltijo qilganlarida, samodan turib ularning iltijolarini eshitding. Rahmdil bo‘lganing uchun, ko‘p martalab Sen ularga najot berding. Qonunlarim bo‘yicha oldingiday yashanglar, deb ularni ogohlantirding. Lekin ular o‘zlariga bino qo‘yib, Sening amrlaringga itoat etmadilar. Garchi qonun–qoidalaringga amal qilish hayot bersa–da, ular bu qonun–qoidalaringga qarshi gunoh qildilar, o‘jarlik bilan qonun–qoidalaringdan yuz o‘girdilar, itoat etishdan bosh tortdilar. Uzoq yillar Sen ularga sabr–toqat qilib kelding, Ruhing ila payg‘ambarlar orqali xalqingni ogohlantirib kelding. Lekin ular Senga quloq solmadilar. Shu sababdan Sen ularni begona xalqlar qo‘liga taslim qilib berding. Ammo shunday bo‘lsa ham, buyuk rahm–shafqating tufayli Sen ularni qirib tashlamading, ularni tark etmading, chunki Sen inoyatli, rahmdil Xudosan! Ey Xudoyimiz! Sen buyuk, qudratli va haybatli Xudosan! Sen ahdingda turasan, sodiq sevgingni saqlaysan. Chekkan azob–uqubatlarimizdan ko‘z yumma. Axir, Ossuriya shohlari davridan bugungacha shohlarimiz, yo‘lboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, payg‘ambarlarimiz, ota–bobolarimiz, butun xalqimiz boshiga og‘ir azob–uqubatlar tushdi. Sen bizni jazolab to‘g‘ri qilding. Sen sadoqat bilan ish tutding, biz esa qabihlik qildik. Shohlarimiz, yo‘lboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, ota–bobolarimiz Sening qonunlaringga rioya qilmadilar, Sen bergan amrlaringga, ogohlantirishlaringga ular quloq solmadilar. Hatto o‘z shohligiga ega bo‘lgan paytlarida, Sen ularga buyuk marhamat ko‘rsatgan bo‘lsang ham, ular Senga xizmat qilmadilar. Sen ularga keng, serhosil bir yurt berding, lekin ular qabih qilmishlaridan qaytmadilar. Mana, bugun biz qulmiz! Sen ota–bobolarimizga bergan yurtda biz qul bo‘lib yashayapmiz. Sen esa bu yurtni ota–bobolarimizga mevalaridan, mo‘l–ko‘lchiligidan bahramand bo‘lsin, deb bergansan. Ammo gunohlarimiz oqibatida Sen bizni shohlarga tobe qilib qo‘yding. Yurtimizning mo‘l hosili o‘shalarga ketadi. Ular bizga va chorvamizga xohlagan ishini qiladi. Evoh, og‘ir kulfatda qoldik!” Xalq quyidagicha qaror qildi: “Bo‘lib o‘tgan voqealar tufayli biz yozma ravishda qat’iy qaror qilyapmiz. Yo‘lboshchilarimiz, levilarimiz va ruhoniylarimiz bu qarorga muhrlarini bosdilar.” Xaxaliyo o‘g‘li, hokim Naximiyo qarorni tasdiqlab, muhrladi. Zidqiyo ham qarorga muhrini bosdi. Bulardan tashqari, qarorni muhrlaganlarning ismlari quyidagilardir: Sarayo, Ozariyo, Yeremiyo, Pashxur, Emoriyo, Malkiyo, Xattush, Shabaniyo, Mallux, Xarim, Miromo‘t, Obodiyo, Doniyor, Ginatoy, Borux, Mashullom, Abiyo, Miyomin, Maziyo, Bilgi, Shamayo. Ular ruhoniylar edilar. Levilar: Ozaniyo o‘g‘li Yeshuva, Xanadod urug‘idan Binnuy, Kadmil, ularning sheriklari: Shabaniyo, Xo‘diyo, Kilit, Paliyo, Xanon, Mixa, Rexob, Xashaviyo, Zakkur, Sharaviyo, Shabaniyo, Xo‘diyo, Banix, Baninu. Xalq yo‘lboshchilari: Paro‘sh, Paxatmo‘ab, Elam, Zattu, Banix, Bo‘nax, Ozgad, Bo‘vay, Odoniyo, Big‘vay, Adin, Oter, Hizqiyo, Ozzur, Xo‘diyo, Xashum, Bezay, Xorif, Onoto‘t, Nabay, Maxpiyosh, Mashullom, Xazir, Mashazavil, Zodo‘x, Yodduva, Pilatiyo, Xanon, Onoyoh, Xo‘sheya, Xanoniyo, Xashshub, Xalloxesh, Pilxo, Sho‘vex, Raxum, Xashavno, Masiyo, Oxiyo, Xanon, Onon, Mallux, Xarim, Banax. Biz, jamiki Isroil xalqi — ruhoniylar, levilar, Ma’bad darvozabonlari, qo‘shiqchilar, Ma’bad xizmatchilari va Tavrotga muvofiq o‘zlarini mahalliy xalqlardan ayirgan hamma yahudiylar xotinlari va esini tanigan o‘g‘il–qizlari bilan birga, yo‘lboshchilarimiz qatorida ont ichamiz. Agar ontimizni buzsak, la’nati bo‘laylik. Xudo O‘z quli Muso orqali bergan Tavrotga biz amal qilib yashaymiz. Egamiz — Rabbimizning amrlariga, qonun–qoidalariga va farmonlariga rioya qilamiz. Biz mahalliy xalqlar bilan quda–andachilik qilmaymiz. Agar mahalliy odamlar Shabbat kuni yoki boshqa biror muqaddas kunda sotish uchun don yoki har xil mol olib kelishsa, ulardan hech narsa sotib olmaymiz. Biz har yettinchi yili yerga ishlov bermaslikka va bergan hamma qarzlarimizdan voz kechib yuborishga va’da qilamiz. Bundan tashqari, shuni va’da qilamizki, Xudoyimizning uyidagi sajda marosimlari ehtiyojlari uchun har yili bir misqol kumushni topshiramiz. Bu pullar quyidagi narsalar uchun sarf qilinadi: muqaddas nonlar uchun, kundalik don nazrlari uchun, kundalik kuydiriladigan qurbonliklar uchun, Shabbat kunida, yangi oy shodiyonasida, har yili o‘tkaziladigan bayramlarda keltiriladigan qurbonliklar, nazrlar va boshqa ehsonlar uchun, Isroil xalqini poklaganda qilinadigan gunoh qurbonliklari uchun, Xudoyimizning uyida qilinadigan boshqa sarf–xarajatlar uchun. Biz qur’a tashlab, ruhoniylar, levilar va xalqning har bir xonadoni qay vaqtda Xudoning uyi uchun o‘tin olib kelishlari kerakligini aniqlab oldik. So‘ng shunday va’da berdik: biz har yili belgilangan paytda o‘tin olib kelamiz. Shu yo‘l bilan Tavrotda, Egamiz Xudoning qurbongohida doimo olov yonib tursin, deb yozilgan amrni bajaramiz. Biz har yili yerimizning birinchi hosilini va hamma mevali daraxtlarimizning birinchi hosilini Egamizning uyiga olib kelamiz, deb va’da qilamiz. Shuningdek, Tavrotda yozilganiga muvofiq, to‘ng‘ich o‘g‘illarimizni, mol–qo‘ylarimizning birinchi tug‘ilganlarini Xudoyimizga bag‘ishlaymiz, deb va’da qilamiz. Biz ularni Xudoyimizning uyida o‘z vazifasini o‘tayotgan ruhoniylarga olib kelamiz. Ruhoniylarga atalgan mahsulotlarni Xudoyimizning uyidagi omborxonalarga olib kelamiz. Unimizning va boshqa don mahsulotlarimizning a’losini, mevalarimizning a’losini, yangi sharob va zaytun moyimizning a’losini omborxonalarga olib kelamiz. Biz yerimizning hosilidan levilarga ushr berishga va’da qilamiz. Dehqonchilik bilan mashg‘ul hamma shaharlarimizdan levilar ulush yig‘adilar. Levilar ushrni olayotganlarida, Horun naslidan bo‘lgan ruhoniy ularning yonida bo‘ladi. Levilar ushrning o‘ndan birini Xudoyimizning uyiga olib kelib, omborxonalarga joylashtiradilar. Xullas, Isroil xalqi va levilar ehson qilgan don, sharob va zaytun moylarini Ma’baddagi omborlarga olib kelishadi. Bu omborxonalar vazifasini o‘tayotgan ruhoniylar, darvozabonlar va qo‘shiqchilarning xonalari yonida joylashgan bo‘lib, u yerda Ma’bad buyumlari ham saqlanadi. Biz Xudoyimizning uyini qarovsiz qoldirmaymiz, deb va’da beramiz.” Xalq yo‘lboshchilari Quddusda o‘rnashib oldilar. Qolgan xalq esa qur’a tashladi, chunki har o‘nta xondadondan bittasi muqaddas Quddus shahriga ko‘chib borishi, qolgan to‘qqiztasi boshqa shaharlarda qolishlari kerak edi. O‘z xohishi bilan Quddusga ko‘chib bormoqchi bo‘lganlarning hammasini xalq duo qildi. [3-4] Shunday qilib, Isroil xalqining ko‘pchiligi, ruhoniylar, levilar, Ma’bad xizmatchilari, Sulaymon qarollarining avlodlari Yahudo yurtidagi boshqa shaharlarda, o‘zlarining mulkida yashab qoldilar. Yahudo va Benyamin qabilalaridan ba’zilari esa Quddusda qaytadan uy–joy qildilar. Quddusda o‘rnashib olgan viloyat yo‘lboshchilarining ro‘yxati quyidagichadir: Yahudo qabilasidan: Quddusda Uzziyo o‘g‘li Otayox o‘rnashdi. Otayoxning nasabnomasi quyidagicha edi: Uzziyo — Zakariyoning o‘g‘li, Zakariyo — Emoriyoning o‘g‘li, Emoriyo — Shafatiyoning o‘g‘li, Shafatiyo — Maxaliyolning o‘g‘li, Maxaliyol Paraz naslidan edi. *** Borux o‘g‘li Masiyo ham Quddusda o‘rnashdi. Masiyoning nasabnomasi quyidagicha edi: Borux — Xolxozining o‘g‘li, Xolxozi — Xaziyoning o‘g‘li, Xaziyo — Odayoning o‘g‘li, Odayo — Yo‘xarivning o‘g‘li, Yo‘xariv — Zakariyoning o‘g‘li, Zakariyo Shelo naslidan edi. Paraz naslidan Quddusda hammasi bo‘lib 468 ta bahodir jangchi yashar edi. Benyamin qabilasidan: Quddusda Mashullom o‘g‘li Sallu o‘rnashdi. Salluning nasabnomasi quyidagicha edi: Mashullom — Yo‘adning o‘g‘li, Yo‘ad — Podiyoning o‘g‘li, Podiyo — Xulayoning o‘g‘li, Xulayo — Masiyoning o‘g‘li, Masiyo — Ixtiyolning o‘g‘li, Ixtiyol — Yeshayoning o‘g‘li. Salluning izdoshlari Gabboy va Salloy ham Quddusda o‘rnashdilar. Benyamin naslidan Quddusda hammasi bo‘lib 928 ta kishi yashar edi. Ularning lashkarboshisi Zixri o‘g‘li Yo‘el edi, Xassinuva o‘g‘li Yahudo esa Yo‘elning o‘ng qo‘l yordamchisi edi. Ruhoniylardan: Quddusda Yo‘xariv o‘g‘li Yodayo, Yoxin va oliy ruhoniy Sarayo o‘rnashdilar. Sarayoning nasabnomasi quyidagicha edi: Sarayo — Xilqiyoning o‘g‘li, Xilqiyo — Mashullomning o‘g‘li, Mashullom — Zodo‘xning o‘g‘li, Zodo‘x — Maroyo‘tning o‘g‘li, Maroyo‘t Oxitobning o‘g‘li edi. Yodayo, Yoxin va Sarayoning Xudo uyida xizmat qiladigan qarindosh–urug‘lari hammasi bo‘lib 822 ta kishi edi. Yeroxam o‘g‘li Odayo ham Quddusda o‘rnashib oldi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi: Yeroxam — Palaliyoning o‘g‘li, Palaliyo — Omzining o‘g‘li, Omzi — Zakariyoning o‘g‘li, Zakariyo — Peshxurning o‘g‘li, Peshxur — Malkiyoning o‘g‘li. Odayoning qarindosh–urug‘lari orasida hammasi bo‘lib 242 ta urug‘boshi bor edi. Ozariyol o‘g‘li Emashay ham Quddusda o‘rnashib oldi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi: Ozariyol — Oxzayning o‘g‘li, Oxzay — Mashillamo‘tning o‘g‘li, Mashillamo‘t — Immarning o‘g‘li. Emashayning qarindosh–urug‘lari orasida hammasi bo‘lib 128 ta botir jangchi bor edi. Ruhoniylarning lashkarboshisi Xagdolim o‘g‘li Zabdiyol edi. Levilardan: Quddusda Xashshub o‘g‘li Shamayo o‘rnashdi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi: Xashshub — Ozrikomning o‘g‘li, Ozrikom — Xashaviyoning o‘g‘li, Xashaviyo — Bo‘naxning o‘g‘li. Levilarning yo‘lboshchilaridan bo‘lgan Shabbatay va Yo‘zabad ham Quddusda o‘rnashib oldilar. Ularning vazifasi Xudoning uyiga qarash va ta’minotini nazorat qilish edi. Mixa o‘g‘li Mattaniyo ham Quddusda o‘rnashib oldi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi: Mixa — Zabdining o‘g‘li, Zabdi — Osifning o‘g‘li. Mattaniyo Ma’bad qo‘shiqchilarini hamdu sano aytishda boshqarar edi. Mattaniyoning yordamchisi Bobuhyo va Shammuva o‘g‘li Abdax Quddusda o‘rnashib oldilar. Shammuva o‘g‘li Abdaxning nasabnomasi quyidagicha edi: Shammuva — Galolning o‘g‘li, Galol — Yodutunning o‘g‘li. Muqaddas shahar Quddusda hammasi bo‘lib 284 ta levi yashagan edi. Ma’bad darvozabonlaridan: Oqquv, Talmo‘n va ularning qarindoshlari Quddusda o‘rnashib oldilar. Ular hammasi bo‘lib 172 kishi edi. Isroil xalqining, ruhoniylarning va levilarning qolganlari Yahudo yurtidagi shaharlarda, o‘zlarining mulkida istiqomat qilishardi. Ma’bad xizmatkorlari esa Quddusdagi Ofel tepaligida istiqomat qilishardi. Zixo va Gishpo ularning ustidan nazoratchi edilar. Quddusdagi levilarning nazoratchisi Banix o‘g‘li Uzzi edi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi: Banix — Xashaviyoning o‘g‘li, Xashaviyo — Mattaniyoning o‘g‘li, Mattaniyo — Mixaning o‘g‘li, Mixa Osif naslidan edi. Osif nasli Xudo uyidagi xizmatda qo‘shiqchilar uchun mas’ul edi. Shoh Dovudning qo‘shiqchilar to‘g‘risida chiqargan farmoniga ko‘ra, qo‘shiqchilar har kuni moddiy tomondan ta’minlanar edi. Mashazavil o‘g‘li Patixiyo Fors shohining Yahudodagi vakili bo‘lib, Isroil xalqiga oid hamma ishlarga mas’ul edi. Patixiyo Yahudo o‘g‘li Zerax naslidan edi. Xalqning ko‘pchiligi boshqa shaharlarda va o‘sha shaharlar atrofida yashar edilar. Yahudo qabilasidan bo‘lganlar quyidagi joylarda istiqomat qilar edilar: Xirat–Arba shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda, Dibon shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda, Yoxavzol shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda, Yeshuva, Mo‘lodax, Bayt–Palat va Xazor–Shuvol shaharlarida, Bersheva shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda, Zixlax shahrida, Maxuno shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda, En–Rimmon, Zorox, Yarmut, Zono‘vax, Adullam shaharlarida va ularning atrofidagi qishloqlarda, Laxish shahrida va uning atrofidagi dalalarda, Ozikah shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda. Yahudo qabilasi yashagan bu yerlar janubdagi Bershevadan to shimoldagi Xinnum soyligigacha cho‘zilgan edi. Benyamin qabilasidan bo‘lganlar quyidagi joylarda istiqomat qilar edilar: G‘ibo, Mixmash va Oya shaharlarida, Baytil shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda, Onoto‘t, Nav, Ononiyoh, Xazor, Rama, Gitayim, Hodid, Zavo‘m, Navallot, Lo‘d, Ono‘ shaharlarida va Hunarmandlar vodiysida. Yahudo qabilasining hududida yashagan ba’zi levi guruhlari ham Benyamin qabilasi orasida istiqomat qilish uchun yuborilgan edi. Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel va Yoshua bilan birga asirlikdan qaytib kelgan ruhoniylar hamda levilar quyidagilardir: Ruhoniylar: Sarayo, Yeremiyo, Ezra, Emoriyo, Mallux, Xattush, Shaxaniyo, Raxum, Miromo‘t, Iddo, Ginaton, Abiyo, Minyomin, Mo‘vadiyo, Bildax, Shamayo, Yo‘xariv, Yodayo, Sallu, Omoq, Xilqiyo, Yodayo. Bular Yoshua davridagi ruhoniylarning va ruhoniy hamkorlarining yetakchilari edilar. Levilar: Yeshuva, Binnuy, Kadmil, Sharaviyo, Yahudo va Mattaniyo. Mattaniyo va uning hamkorlari shukrona madhiyasini kuylaydiganlar uchun mas’ul edilar. Bobuhyo, Unno va ularning hamkorlari madhiyaning jo‘r bo‘lib aytilishi uchun mas’ul edilar. Yoshua — Yo‘yiqimning otasi, Yo‘yiqim — Eliashabning otasi, Eliashab — Yo‘xadaxning otasi, Yo‘xadax — Yo‘xanonning otasi, Yo‘xanon Yodduvaning otasi edi. Oliy ruhoniy Yo‘yiqim davrida quyidagi ruhoniylar urug‘boshilar edilar: Sarayo urug‘idan — Moriyo. Yeremiyo urug‘idan — Xanoniyo. Ezra urug‘idan — Mashullom. Emoriyo urug‘idan — Yoxuhanon. Mallux urug‘idan — Yo‘natan. Shaxaniyo urug‘idan — Yusuf. Xarim urug‘idan — Adna. Miromo‘t urug‘idan — Xalkay. Iddo urug‘idan — Zakariyo. Ginaton urug‘idan — Mashullom. Abiyo urug‘idan — Zikri. Minyomin urug‘idan ham bir urug‘boshi bor edi. Mo‘vadiyo urug‘idan — Piltay. Bildax urug‘idan — Shammuva. Shamayo urug‘idan — Yo‘natan. Yo‘xariv urug‘idan — Mattanay. Yodayo urug‘idan — Uzzi. Sallu urug‘idan — Kalloy. Omoq urug‘idan — Ibir. Xilqiyo urug‘idan — Xashaviyo. Yodayo urug‘idan — Natanil. Oliy ruhoniylar Eliashab, Yo‘xadax, Yo‘xanon va Yodduva davrlarida levilar ro‘yxatda o‘z urug‘boshilari nomi bilan qayd etilganlar. Fors shohi Doro hukmronligi davrida esa ro‘yxatga olishning bunday usuli ruhoniylarga nisbatan qo‘llanilgan edi. Oliy ruhoniy Eliashab nevarasi Yo‘xanon davrigacha “Tarix kitobi”dagi ro‘yxatlarda levilar o‘z urug‘boshilari nomlari bo‘yicha yozilganlar. [24-25] Quyidagilar levilarning urug‘boshilari edilar: Xashaviyo, Sharaviyo, Yeshuva, Binnuy, Kadmil va ularning hamkorlari Mattaniyo, Bobuhyo va Obodiyo. Xudoning odami Dovud bergan farmonga ko‘ra, ular Xudoga hamdu sano va shukrona aytayotganlarida, ikki guruhga bo‘linib, bir–birlariga ro‘parama–ro‘para turib, kuylar edilar. Mashullom, Talmo‘n va Oqquv Ma’bad darvozabonlari edilar. Ular Egamizning uyi darvozalari yonidagi omborxonalarni qo‘riqlar edilar. *** Bu odamlar oliy ruhoniy Yo‘yiqim, hokim Naximiyo, ruhoniy hamda tafsirchi Ezraning zamondoshlari edilar. Oliy ruhoniy Yo‘yiqim — Yoshuaning o‘g‘li, Yohuzadaxning nabirasi edi. Quddusning yangi devori Xudoga bag‘ishlanayotganda Yahudo yurtidagi hamma levilar chaqirildi. Ular xursandchilik paytida shukrona qo‘shiqlar kuylab, zang, arfa, chang chalib, marosimda ishtirok etishlari kerak edilar. [28-29] Levi qo‘shiqchilari Quddus atrofidagi qishloqlardan yig‘ilib keldilar. Quddus atrofidagi o‘sha qishloqlarni levilar o‘zlari uchun qurgan edilar. Natufo, Bayt–Gilgal, G‘ibo va Ozmobi shaharlarining atrofidagi qishloqlarda yashaydigan levilar ham yig‘ilib keldilar. *** Ruhoniylar va levilar o‘zlarini pokladilar, so‘ngra xalqni, Quddus darvozalarini va devorini pokladilar. Keyin men Yahudo yo‘lboshchilarini devor ustiga chiqardim. Xudoga shukrona aytadigan ikkita katta guruh qo‘shiqchilarni tayinladim. Qo‘shiqchilarning bir guruhi devor ustida janubga — Go‘ng darvozasi tomonga tantana bilan yurdi. Ho‘shayyo Yahudo yo‘lboshchilarining yarmini ergashtirib, birinchi guruh qo‘shiqchilarning orqasidan bordi. [33-35] Ularning orqasidan esa quyidagi ruhoniylar karnaylar chalib bordilar: Ozariyo, Ezra, Mashullom, Yahudo, Benyamin, Shamayo va Yeremiyo. Ularning ketidan Yo‘natan o‘g‘li Zakariyo bordi. Zakariyoning nasabnomasi quyidagicha edi: Yo‘natan — Shamayoning o‘g‘li, Shamayo — Mattaniyoning o‘g‘li, Mattaniyo — Mixiyoning o‘g‘li, Mixiyo — Zakkurning o‘g‘li, Zakkur Osaf naslidan edi. *** *** Zakariyoning yonida uning hamkorlari — Shamayo, Ozariyol, Milalay, Jilalay, May, Natanil, Yahudo, Xoninni bor edilar. Ular Xudoning odami shoh Dovudning ko‘rsatmasiga binoan musiqa asboblarini ko‘tarib borardilar. Tafsirchi Ezra birinchi guruh qo‘shiqchilarining orqasidan borayotganlarni boshlab bordi. Ular Buloq darvozasidan Dovud qal’asiga olib boradigan zinapoya orqali to‘g‘riga yurdilar. Dovudning saroyidan o‘tib, sharq tomondagi Suv darvozasiga ketdilar. Xudoga shukrona aytayotgan ikkinchi guruh qo‘shiqchilar devorning ustida shimol tomonga ketdilar. Men Yahudo yo‘lboshchilarining yarmini boshlab, ikkinchi guruh qo‘shiqchilarning ortidan ketdim. Biz Tandir darvozasidan, Keng devoridan, Efrayim darvozasidan, Yashono darvozasidan, Baliq darvozasidan, Xanonil minorasidan, Yuz minorasidan va Qo‘y darvozasidan o‘tdik. Nihoyat, Qo‘riqchi darvozasi yonidagi manzilga yetib bordik. Shunday qilib, Xudoga shukrona aytgan ikkala guruh Xudoning uyi oldida to‘xtadi. Yonimdagi yo‘lboshchilar bilan birga, quyidagi ruhoniylar ham karnay chalib, ikkinchi guruh qo‘shiqchilar ortidan yurdilar: Eliyaqim, Masiyo, Minyomin, Mixiyo, Eliyo‘nay, Zakariyo va Xanoniyo. Ularning ketidan Masiyo, Shamayo, Elazar, Uzzi, Yohuxanon, Malkiyo, Elam va Eyzar borgandilar. Qo‘shiqchilar o‘zlarining yo‘lboshchisi Yizraxiyo boshchiligida kuylagandilar. O‘sha kuni xalq ko‘p qurbonliklar keltirib, xursandchilik qilishdi, chunki Xudo ularga ko‘p shod–xurramlik ato qilgan edi. Ayollar va bolalar ham xursand edilar. Quddusdagi shodlik sadolari uzoqlardan eshitilib turardi. O‘sha kuni Ma’baddagi omborxonalar ustidan odamlar tayinlandi. Omborxonalarda hadyalar, birinchi hosildan keltirilgan nazrlar va ushrlar saqlanar edi. Tayinlangan odamlar Tavrotga ko‘ra, shaharlar atrofidagi dalalardan ruhoniylar va levilar uchun ulushlarni yig‘ib, omborxonalarga olib kelishlari kerak edi. Chunki Yahudo xalqi ruhoniylar va levilarning xizmatini qadrlar edi. Ruhoniylar, levilar poklash marosimlarini va Xudo tayin etgan boshqa marosimlarni bajarar edilar. Qo‘shiqchilar va darvozabonlar ham, ular qatorida, shoh Dovud va uning o‘g‘li Sulaymondan qolgan farmonga muvofiq, Ma’badda xizmat qilar edilar. Darvoqe, ko‘shiqchilarga boshlovchi tayinlab, Xudoga hamdu sano va shukronalar aytish odati azaldan — Dovud va Osif davridan boshlangan edi. Zarubabel davrida ham, Naximiyo davrida ham butun Isroil xalqi qo‘shiqchilar va Ma’bad darvozabonlari uchun kundalik ulushlarni berardi. Ular levilar uchun ham ulush ajratishardi, levilar esa ruhoniylarning ulushini ajratib berishar edi. O‘sha kuni xalqqa Musoning kitobidan o‘qib berildi. U yerda shunday yozilgan ekan: “Ommonliklar va Mo‘abliklar Xudoning jamoasiga kirolmaydi, chunki Isroil xalqi Misrdan chiqqanda, Ommonliklar va Mo‘abliklar ularni non va suv bilan kutib olmadilar. Aksincha, Isroil xalqini la’natlash uchun Balomni yolladilar. Lekin Xudoyimiz la’natni duoga aylantirdi.” Isroil xalqi Tavrot so‘zlarini eshitgach, Isroil jamoasidan hamma begona nasllarni chiqarib yubordi. Bu voqea Quddus devori bag‘ishlanishidan ancha oldin sodir bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda To‘viyoning qarindoshi Eliashab Xudoyimizning uyidagi omborxonalar uchun mas’ul edi. Eliashab To‘viyo uchun Ma’badga qarashli katta bir xonani bo‘shatib beribdi. Ilgari bu xonada nazr qilingan don, xushbo‘y tutatqilar va Ma’bad buyumlari saqlanardi. Egamiz bergan amrga muvofiq, levilarga, qo‘shiqchilarga, Ma’bad darvozabonlariga atalgan don, sharob, zaytun moyi ushrlari va ruhoniylarga atalgan nazrlar ham o‘sha xonada saqlanardi. Bu ishlar sodir bo‘lganda, men Quddusda emasdim. Bobil shohi Artaxshas hukmronligining o‘ttiz ikkinchi yilida men shoh huzuriga ketgan edim. Ma’lum vaqt o‘tgach, shohdan ijozat so‘rab, Quddusga qaytib keldim. Shundagina Eliashabning qilgan bu rasvo ishidan xabardor bo‘ldim. U To‘viyoga Xudoning uyidagi bir xonani ajratib beribdi–ya! Men qattiq g‘azablanib, To‘viyoning barcha uy jihozlarini xonadan uloqtirib tashladim. So‘ng, omborxonalar poklansin, deb buyruq berdim. Omborxonalar poklangach, Xudoning uyi buyumlarini, don nazrlarini va xushbo‘y tutatqilarni o‘z joyiga qaytarib qo‘ydirdim. Shuningdek, levilarga hosilning o‘zlariga tegishli ulushlari berilmaganini ham bilib qoldim. Shu sababdan Ma’badda xizmat qilib yurgan levilar va qo‘shiqchilar o‘zlarining dalalariga qaytib ketishgan ekan. Yo‘lboshchilarga: “Nima uchun Xudoning uyini o‘z holiga tashlab qo‘ydingizlar?!” deb tanbeh berdim. Levilar va qo‘shiqchilarni to‘plab, hammalarini o‘z vazifalariga qo‘ydim. Shundan keyin jamiki Yahudo xalqi don, sharob, zaytun moyi ushrlarini Ma’bad omborxonalariga olib kelishdi. Ruhoniy Shalamiyoni, kotib Zodo‘xni va levilardan Podiyoni omborxonalarga mas’ul qilib tayinladim. Mattaniyoning nabirasi Zakkur o‘g‘li Xanonni ularning yordamchisi qilib tayinladim. Ular ishonchli odamlar bo‘lib, vazifalari birodarlariga ulushni taqsimlashdan iborat edi. Ey Xudoyim! Qilgan bu ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darig‘ tutmagin. Sening uying uchun va uyingda o‘tkaziladigan sajda marosimlari uchun sadoqat bilan qilgan savob ishlarimni unutma. O‘sha vaqtda men Shabbat kunlari uzum ezayotgan yahudiylarni ko‘rardim. Uyum–uyum don, sharob, uzum, anjir va har xil yuklarni olib kelayotganlarni kuzatar edim. Ular bu narsalarni eshaklarga yuklab, Shabbat kuni Quddusga olib kelishar edi. Ular o‘z mahsulotlarini sotayotganlarida men ularni ogohlantirib, bunday ishlarni Shabbat kuni qilmanglar, deb aytardim. Quddusda yashagan Tirliklar ham baliq va har xil mahsulotlarni olib kelib, o‘shalarni Shabbat kuni Yahudo xalqiga Quddusda sotayotgan edilar. Men Yahudo yo‘lboshchilariga tanbeh berdim: “Bu qilayotganlaringiz qabihlik–ku! Axir, Shabbat kunini bulg‘ayapsizlar! Xudo bizni va bu shaharni ota–bobolarimizning xuddi shunday qabihligi uchun jazolagan edi–ku! Endi esa sizlar Shabbat kunini bulg‘ab, xalqimizning boshiga Xudoning qahr–g‘azabini yanada ko‘proq olib kelyapsizlar.” Shunda men buyruq berdim: “Shabbatdan oldin oqshom tushishi bilanoq Quddus darvozalari yopilsin, Shabbat tugamaguncha ochilmasin.” Shabbat kuni birortasi yuk olib chiqmasligi uchun darvoza oldiga odamlarimdan ba’zilarini o‘tqazib qo‘ydim. Shunda savdogarlar va har xil mahsulotlarni sotuvchilar tunni bir–ikki marta Quddusdan tashqarida o‘tkazdilar. Men ularni ogohlantirib, shunday dedim: “Nega sizlar tunni devor ortida o‘tkazasizlar?! Agar yana shunday qilsalaringiz, sizlarni qamayman.” O‘shandan keyin ular Shabbat kuni kelmay qo‘ydilar. So‘ngra men levilarga, o‘zlaringizni poklab kelib, Shabbat kunini muqaddas saqlash uchun shahar darvozalarini qo‘riqlanglar, deb buyruq berdim. Ey Xudoyim! Qilgan bu ishlarimni ham yodingda tut, mendan marhamatingni darig‘ tutmagin. Buyuk sodiq sevging haqi menga shafqat qil. O‘sha kunlarda Ashdodlik, Ommonlik va Mo‘ablik ayollarga uylangan yahudiylar haqida xabar topgan edim. Bolalarining yarmi ibroniy tilida gaplashishni bilmasdilar, Ashdod tilida yoki boshqa tilda so‘zlashardilar. [25-27] Shuning uchun men ularga tanbeh berdim, ularni la’natladim, ba’zilarini urdim, sochlarini yuldim. Ularga shunday dedim: “Hatto Isroil shohi Sulaymon bunday ayollarga uylanib, gunoh qilgan edi! Bir o‘ylab ko‘ringlar! Xalqlar orasida Sulaymonga o‘xshagan shoh yo‘q edi. Xudo uni yaxshi ko‘rib, uni Isroil ustidan shoh qilgan edi. Shunga qaramay, butparast ayollar uni gunohga boshladilar. Mana endi sizlar ham huddi shunday gunohga qo‘l urganingizni eshitib turibmiz! Sizlar Xudoga qarshi o‘taketgan qabihlik qilyapsizlar! Butparast ayollarga uylanib, Xudoga bevafolik qilyapsizlar!” Men Xudoning nomini o‘rtaga qo‘yib: “Biz bu yerdagi begona xalqlar bilan quda–andachilik qilmaymiz”, deb ularga qasam ichdirdim. *** *** Yo‘xadax oliy ruhoniy Eliashabning o‘g‘li edi. Yo‘xadaxning o‘g‘illaridan biri Bayt–Xo‘ronlik Sanballatning qiziga uylangan edi. Yo‘xadaxning o‘sha o‘g‘lini oldimdan haydab yubordim. Ey Xudoyim! Bu uchala odamning qilmishini yodingda tut, ularning jazosini ber. Axir, ular ruhoniylikni bulg‘adilar, Sen ruhoniylar va levilar bilan tuzgan ahdni buzdilar. Shunday qilib, men xalqni begonalarning ta’siridan pokladim. Ruhoniylar va levilarning burchlarini, har birining vazifasini belgilab berdim. Qurbonliklarni kuydirish uchun o‘tinlarni o‘z vaqtida olib kelishni va birinchi hosildan ruhoniylar uchun nazrlarni olib kelishni yo‘lga qo‘ydim. Ey Xudoyim! Qilgan ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darig‘ tutmagin. Bu voqea Axashverash davrida bo‘lib o‘tgan edi. Axashverash Hindistondan Habashistongacha bir yuz yigirma yetti viloyat ustidan hukmronlik qilardi. Shoh Axashverash Shushandagi qal’ada shohlik taxtiga o‘tirgandan keyin, hukmronligining uchinchi yilida barcha vazirlari va saroy a’yonlari, Fors va Midiya shohliklarining bosh lashkarboshilari va zodagonlari, qo‘li ostidagi viloyatlarning hokimlari uchun ziyofat berdi. Axashverash ancha vaqt — bir yuz sakson kun davomida o‘z shohligining beqiyos boyligini, dabdabali va hashamatli ulug‘vorligini ko‘rsatdi. Bu ziyofatdan keyin Axashverash Shushan qal’asining kattayu kichigiga shoh saroyining bog‘ hovlisida yetti kun ziyofat berdi. Bog‘ning marmar ustunlari tepasidagi kumush halqalarga oliy navli va safsar rangli zig‘ir iplardan to‘qilgan, arqonlarga bog‘langan oq va ko‘k rangli zig‘ir pardalar osilgandi. Arg‘uvon va oq marmar, sadaf va qoramtir toshlar qoplangan joyga oltin va kumush o‘rindiqlar o‘rnatilgan edi. Ichimliklar turli–tuman oltin qadahlarda berildi. Shohona sharob ham, shohning boyligi kabi, juda serob bo‘ldi. Chunki shoh o‘z xonadoni boshqaruvchilariga: “Har kimga istaganicha berilsin”, deb farmon etdi. Shuning uchun ichimliklar, shohning farmoniga ko‘ra, mehmonlarning xohishiga qarab berildi. Malika Vashti ham shoh Axashverash saroyida ayollar uchun ziyofat berayotgan edi. Yettinchi kuni shoh sharob ichib vaqti chog‘ bo‘lib, o‘zining Maxumon, Bizta, Xarbona, Bixta, Avag‘ta, Zatar, Karkas ismli yettita mulozimiga farmon berdi: “Malika Vashtiga shohona toj kiydirib, huzurimga olib kelinglar, xalqqa va a’yonlarga uning go‘zalligini ko‘rsatay.” Haqiqatan ham malika g‘oyat go‘zal edi. Lekin malika Vashti kelmadi, mulozimlar orqali shohning bergan farmonini bajarishdan bosh tortdi. Shoh bundan qattiq g‘azablandi, malikadan g‘oyatda jahli chiqdi. Shoh o‘z ishlarini qonun–qoidani biladiganlar oldida qilardi. O‘sha paytda shohning yaqinlari Fors va Midiya shohligining yettita beki — Karshana, Shator, Admata, Tarshish, Miros, Marsano, Mamuxon edi. Ularning joyi shohning huzurida bo‘lib, shohlikda eng yuqori mavqeni egallagan edilar. — Shoh qonun–qoidalarni yaxshi biladigan o‘sha donishmandlardan so‘radi: — Shoh Axashverash malika Vashtiga mulozimlar orqali farmon bergan edi, u itoat etmadi. Buning uchun qonunga binoan uni nima qilish kerak? Shunda Mamuxon shoh va a’yonlar huzurida shunday javob berdi: — Malika Vashti yolg‘iz shohimiz oldidagina emas, balki shoh Axashverash hukmronligi ostidagi hamma viloyatlarning beklari va xalqi oldida aybdordir. Chunki malikaning qilig‘ini hamma ayollar eshitishgach, ular: “Shoh Axashverash, malika Vashtini huzurimga olib kelinglar, deb farmon bergan ekan, malika bormabdi”, deb gapirib yuradilar va erlarini mensimay qo‘yadilar. Malikaning qilig‘i to‘g‘risida eshitgan Fors va Midiya shohligi bekoyimlari shohimizning hamma a’yonlariga ayni o‘sha gapni aytadilar. O‘rtada kiborlik, dilsiyohlik paydo bo‘ladi. Agar shohimiz ma’qul ko‘rsalar, o‘zlari butun shohlik hududi bo‘yicha qaror chiqarsinlar. Fors hamda Midiya shohligi qonunlariga: “Vashti shoh Axashverash huzuriga kirmasin, uning shohlikdagi martabasi boshqa yaxshirog‘iga berilsin”, degan qo‘shimcha kiritilsin va bu farmon o‘zgartirilmasin. Shohlik qanchalik katta bo‘lmasin, shohimizning bu farmoni shohlik bo‘ylab tarqalganda, barcha ayollar — boyu kambag‘ali erlarini hurmat qiladigan bo‘ladilar. Bu gap shohga va a’yonlarga ma’qul bo‘ldi. Shoh Mamuxon aytganiday qildi. U qo‘li ostidagi hamma viloyatlarga maktub jo‘natdi. Maktub har bir viloyatning o‘z yozuvida va har bir xalqning o‘z tilida bitilgan bo‘lib, unda: “Har bir erkak o‘z oilasida xo‘jayin bo‘lsin va uning gapi gap bo‘lsin”, deb yozilgan edi. Axashverash g‘azabidan tushgandan keyin, Vashti va uning qilmishi, Vashtining ustidan chiqarilgan hukm esiga tushib qoldi. Shohning a’yonlari aytdilar: “Shohimiz uchun yosh, chiroyli qizlar qidirilsin. Buning uchun shohimiz qo‘li ostidagi viloyatlarda nazoratchilar tayin qilinsin, ular chiroyli barno qizlarni shohimizning xizmatkori, haram og‘asi Xegay nazorati ostida Shushan qal’asidagi haramga to‘plasinlar, qizlarga pardoz bersinlar. Shohimizga yoqqan qiz Vashtining o‘rniga malika bo‘lsin.” Bu gap shohga ma’qul keldi va u aytilganlarni qildi. Shushan qal’asida bir yahudiy yashardi. Uning ismi Yovir o‘g‘li Mordaxay bo‘lib, Benyamin qabilasidan edi. Yovir, Shimax va Kish nasliga borib taqalardi. Bobil shohi Navuxadnazar Yahudo shohi Yohayixinni asir qilib olib kelganda, Mordaxay ham Quddusdan keltirilgan edi. Ota–onasidan yetim qolgan Hadassani Mordaxay asrab olib tarbiya qildi. Hadassa Mordaxayning jiyani edi. Uning boshqa ismi Ester bo‘lib, kelishgan, go‘zal qiz edi. Shohning amru farmoni e’lon qilingach, Shushan qal’asiga ko‘p qizlarni to‘plab, Xegay nazoratiga topshirildi. Ester ham shoh saroyiga keltirilib, haram og‘asi Xegay nazoratiga topshirildi. Xegayga Ester yoqdi, Xegay unga iltifot ko‘rsatdi. Xegay darrov: “Bu qizga pardoz berib, parvarishlanglar, unga ulushini berib turinglar, saroydan yettita kanizak tanlab olinib, unga cho‘ri qilib berilsin”, deb buyurdi. Shoh haramining eng yaxshi bo‘lmasiga qizni va uning kanizlarini joylashtirdi. Lekin Ester o‘z xalqi, urug‘–aymog‘i to‘g‘risida hech narsa aytmadi. Chunki Mordaxay unga bu to‘g‘rida og‘iz ochmasligini buyurgan edi. Mordaxay har kuni Esterning sog‘ligidan xabar olgani, unga qanday muomala qilishyapti ekan, deb bilgani haram hovlisi atrofida yurardi. Har bir yosh qizga, Axashverash huzuriga kirish uchun navbati kelganda, o‘n ikki oy davomida pardoz berilardi. Ayollar uchun chiqarilgan qoida shunaqa edi. Olti oy mirra moyi bilan, olti oy xushbo‘y narsalar va upa–eliklar bilan pardoz qilardilar. Shundan keyin qiz shoh huzuriga kirardi: qiz saroyga kirayotganda, haramdan nima talab qilsa, hammasi berilardi. Kechqurun shoh huzuriga kirgan qiz, ertasiga ertalab shohning mulozimi, kanizaklar soqchisi Shashagaz nazorati ostidagi boshqa haramga qaytardi. Faqat shohga xush yoqqan, shoh nomini aytib chaqirgan qiz qaytadan uning huzuriga kirardi. Mordaxayning asrandisi, uning amakisi Abuhayilning qizi Ester shoh huzuriga kiradigan payt ham keldi. Ester shohning mulozimi, haram og‘asi Xegay nima taklif qilgan bo‘lsa, shuni oldi va boshqa hech narsa so‘ramadi. Esterni ko‘rganlarning ko‘zlarida quvonch porladi. Shunday qilib, Axashverash shohligining yettinchi yili, o‘ninchi oyi — Tabat oyida, Ester shoh Axashverash saroyiga keltirildi. Shoh Esterni hamma qizlardan ortiq sevib qoldi. Ester shohning muruvvatiga va iltifotiga barcha qizlardan ko‘proq sazovor bo‘ldi: Axashverash malikalik tojini Esterning boshiga kiygizib, uni Vashtining o‘rniga malika qildi. So‘ngra shoh hamma a’yonlari va xizmatkorlari uchun Ester sharafiga ziyofat berdi, hamma viloyatlarda bayram e’lon qildi. Oliyhimmatlik bilan hadyalar ulashdi. Barno qizlar keyingi safar haramga to‘planishganda, Mordaxay saroyda o‘z vazifasini bajarayotgan edi. Ester Mordaxayning buyrug‘iga itoat etib, urug‘–aymog‘i va xalqi to‘g‘risida hali gapirmagan edi. Ester Mordaxayning tarbiyasida bo‘lgan paytda unga qanday itoat qilgan bo‘lsa, hozir ham shunday itoat etardi. O‘sha kunlarda — Mordaxay saroyda o‘z vazifasini bajarayotganda, shohning Bixtan va Tarash degan ikkita darvozaboni quturib, shoh Axashverashning joniga suiqasd qilishni rejalashtirdilar. Mordaxay bu fitnani bilib qolib, malika Esterni ogohlantirdi. Ester esa fitna to‘g‘risidagi xabarni Mordaxay nomidan shohga yetkazdi. Bu voqea tekshirilgach, to‘g‘ri deb topildi va ikkala xizmatkor dorga osildi. Bu voqea shohning “Kundalik xotiralar kitobi”ga yozib qo‘yildi. Bu hodisalardan keyin shoh Axashverash O‘gax naslidan bo‘lgan Xamadoto o‘g‘li Xomonni ko‘klarga ko‘tarib, yuksak martabaga tayinladi. Boshqa hamma a’yonlar ustidan Xomonni nozir etib tayinladi. Shohning saroydagi boshqa a’yonlari Xomonga tiz cho‘kib ta’zim qilardilar. Chunki shohning amri shunday edi. Mordaxay esa na egilardi, na ta’zim qilardi. Shohning saroydagi a’yonlari Mordaxayga: “Nimaga sen shohning amriga itoat etmayapsan–a?!” deb aytardilar. Ular Mordaxayga bu gapni har kuni aytsalar ham, Mordaxay ularning gapiga quloq solmasdi. A’yonlar, Mordaxayning bu qilig‘iga Xomon toqat qila olarmikan, deb uni bu ahvoldan xabardor qildilar. Chunki Mordaxay ularga: “Men yahudiyman ”, deb aytgan edi. Xomon Mordaxayning tiz cho‘kib ta’zim qilmayotganini ko‘rganda, g‘azabdan tutoqardi. Xomon birgina Mordaxayni o‘ldirishni arzimas ish deb o‘yladi. Mordaxayning qaysi xalqdan ekanini bilgani uchun, Xomon Axashverashning butun shohligi hududidagi mordaxaylarni — jamiki yahudiy xalqini qirib tashlashga qasd qilib qo‘ydi. Axashverash shohligining o‘n ikkinchi yili, birinchi oyida — Nison oyida bu fitna amalga oshiriladigan kun va oy uchun Xomon oldida pur — qur’a tashladilar. Qur’a o‘n ikkinchi oyning — Adar oyining o‘n uchinchi kuniga tushdi. Shundan keyin Xomon shoh Axashverashga aytdi: — Shohligingiz viloyatlaridagi boshqa xalqlarning orasiga sochilib–tarqalib ketgan bir xalq bor. Ularning qonunlari hamma xalqlar qonunidan farq qiladi. Shohimiz qonunlariga ular bo‘ysunmaydilar. Ularga sabr–toqat qilish — shohimizning manfaatlariga ziddir. Agar shohimiz ma’qul ko‘rsalar, bu xalqni qirib tashlash uchun farmon bersinlar. Men o‘n ming talant kumushimni a’yonlar qo‘liga olib borib beraman. Ular bu kumushni shohimiz xazinasiga topshiradilar. Shundan keyin shoh barmog‘idagi muhr uzugini yechib, farmonini tasdiqlash uchun yahudiylar dushmani O‘gax naslidan Xamadoto o‘g‘li Xomonga berdi. — Bu pullar o‘zingda qolsin, xalqni ham senga berdim, — dedi shoh Xomonga. — Anavi xalqqa nimani ma’qul ko‘rsang, shuni qil. Birinchi oyning o‘n uchinchi kuni shohning mirzalari chaqirildi. Xomonning hamma buyruqlari har bir viloyat xalqining o‘z yozuvida va o‘z tilida shohning noiblariga, har bir viloyat hokimiga va har bir xalqning bekiga yozildi. Maktublar shoh Axashverash nomidan yozilib, shohning muhr uzugi bilan tasdiqlandi. Maktublar choparlar orqali shohning qo‘li ostidagi hamma viloyatlarga jo‘natildi. “Yahudiylarning hammasi — yoshu qarisi, bolalaru ayollari bir kunda — o‘n ikkinchi oyning, ya’ni Adar oyining o‘n uchinchi kuni yo‘q qilinsin, o‘ldirilsin, qirilsin, mol–mulki talon–taroj qilinsin, hamma o‘sha kunga tayyor bo‘lsin”, deb farmon e’lon qilindi. Shuning uchun har bir viloyatga ular uchun qonun sifatida farmondan ko‘chirma berildi. Choparlar shohning aytganiga muvofiq tezlik bilan yo‘lga chiqdilar. Farmon Shushan qal’asida ham e’lon qilingach, shahar besaranjom bo‘lib qoldi. Shoh bilan Xomon esa o‘tirishib kayfu safo qilishardi. Mordaxay yuz bergan voqeadan xabardor bo‘lgach, kiyimlarini yirtdi, qanorga o‘ranib, ustiga kul sochdi. Keyin qattiq alamli faryod ko‘tarib, shahar bo‘ylab yurdi. O‘sha holatda saroy darvozasiga bordi, lekin qanor kiyib saroy darvozasidan ichkariga kirish mumkin emasdi. Shuningdek, har bir viloyatda — shohning amru farmoni yetib borgan joylarda yahudiylar chuqur qayg‘uga botdilar, ro‘za tutib, yig‘lab nola qildilar. Ko‘pchilik qanorga o‘ranib va kulga belanib yotdi. Esterning kanizlari va xizmatkorlari kelib, bu haqda xabar berishganda, malika qattiq tashvishga tushdi. “Mordaxay ustidagi qanorni yechib, mana bu kiyimlarni kiyib olsin”, deb malika kiyim berib yuborgan edi, Mordaxay olmadi. Esterning xizmatiga tayinlangan Xatax ismli shohning mulozimi bor edi. Ester Xataxni chaqirib, unga: “Bu nimasi, Mordaxay nimaga bunday qilyapti ekan, bilib kel–chi”, deb buyurdi. Xatax shoh saroyi darvozasi oldidagi shahar maydoniga — Mordaxayning yoniga ketdi. Mordaxay o‘zining boshiga tushgan hamma kulfatni, Xomon yahudiylarga qirg‘in keltirish uchun shoh xazinasiga qancha miqdorda kumush berishga va’da qilganini Xataxga aytib berdi. Keyin Mordaxay Xataxga yahudiylarni qirish to‘g‘risida Shushanda e’lon qilingan farmondan bir nusxasini berib: “Esterga buni ko‘rsat, u hamma narsani tushunib olsin”, dedi. “Ester shoh huzuriga kirib, o‘z xalqiga rahm etishini iltijo qilib so‘rasin”, deb tayinladi. Xatax qaytib kelib, Mordaxayning gaplarini Esterga aytib berdi. Ester “Mordaxayga shu gaplarni yetkaz”, deb Xataxni yana jo‘natdi: “Shoh saroyida hamma xizmat qilayotganlar va shohning qo‘li ostidagi viloyatlar xalqi shuni biladilarki, kimki ichki hovliga — shoh huzuriga chaqirilmasdan kirsa, erkakmi, ayolmi, baribir, hukm bitta — uni o‘lim kutadi. Shoh saltanatning oltin hassasini kimga tomon uzatsagina, o‘sha tirik qoladi. Lekin o‘ttiz kundan buyon shoh meni chaqirgani yo‘q.” Esterning bu gaplarini Mordaxayga aytishgach, u Esterga shu javobni yetkazishni so‘radi: “Saroyda yashaganim uchun yahudiylardan yolg‘iz o‘zim omon qolaman deb o‘ylamagin. Agar shu damlarda sen sukut saqlasang, yahudiylarga boshqa joydan najot keladi, ular ozod bo‘ladilar. Sen va otang xonadoni esa halok bo‘lasizlar. Kim bilsin, balki shunaqa kunlar uchun sen malikalik martabasiga erishgandirsan.” Ester ham Mordaxayga quyidagicha javob jo‘natdi: “Boring, Shushandagi hamma yahudiylarni to‘plab, men uchun ro‘za tutinglar. Uch kechayu, uch kunduz hech narsa yemanglar ham, ichmanglar ham. Men ham kanizaklarim bilan ro‘za tutaman, so‘ngra qonunga xilof bo‘lsa ham, shoh huzuriga boraman. Mayli, o‘lsam, o‘lay.” Mordaxay ketdi va Ester nima buyurgan bo‘lsa, hammasini qildi. Uchinchi kuni Ester shohona liboslarini kiyib, saroyning ichki hovlisida — shoh yashaydigan xosxona ro‘parasida paydo bo‘ldi. Shoh xosxonaning to‘ridagi taxtda o‘tirib, hovlida kutib turgan malika Esterni ko‘rdiyu, unga marhamat qildi va qo‘lidagi saltanatning oltin hassasini Esterga tomon cho‘zdi. Ester yaqinroq kelib hassaning uchiga tegindi. Shoh undan: — Senga nima kerak, malika Ester? — deb so‘radi. — Tilaging nima? Hatto yarim shohlikni so‘rasang ham beriladi. — Agar shohimiz ma’qul ko‘rsalar, bugun Xomon bilan birga menikiga ziyofatga kelsalar, — dedi malika. — Men shohimiz uchun ziyofat tayyorlagandim. Shoh: — Zudlik bilan borib Xomonni topib kelinglar! — deb buyurdi. — Esterning istagini bajo qilaylik. Shunday qilib, shoh Xomon bilan birga Ester tayyorlagan ziyofatga bordi. Shoh maydan ichar ekan: — Ayt, nima istaysan? Nima istasang beriladi, — dedi. — Qanday tilaging bor? Yarim shohlikni so‘rasang ham, xohishing qondiriladi. Ester shunday javob berdi: — Mening istagim va iltimosim shuki, agar shohimiz mendan mamnun bo‘lsalar, shohimiz mening tilagimni va istagimni qondirishni ma’qul ko‘rsalar, ertaga men tayyorlaydigan ziyofatga Xomon bilan birga kelsinlar. O‘shanda shohimizning savoliga javob beraman. Xomon o‘sha kuni ziyofatdan xursand, kayfiyati chog‘ bo‘lib chiqdi. U shoh saroyi darvozasi oldida Mordaxayni ko‘rdi. Mordaxay Xomonning hurmati uchun o‘rnidan turmadi ham, ta’zim ham qilmadi. Xomon esa g‘azabdan tutoqdi. Biroq u o‘zini bosdi. Uyiga kelib, do‘stlarini va xotini Zareshni chaqirtirdi. Xomon ularga o‘zining cheksiz boyligidan, ko‘pdan–ko‘p o‘g‘illaridan, shoh uni a’yonlar va xizmatkorlar ustidan yuksak martabaga ko‘targani to‘g‘risida gapirdi. Keyin u yana aytdi: — Malika Ester ziyofat tayyorlagan ekan, shoh bilan mendan boshqa hech kimni taklif qilmabdi. Ertaga ham men shoh bilan birga unikiga ziyofatga chaqirilganman. Lekin saroy darvozasida turgan yahudiy Mordaxayni ko‘rganimda, bularning men uchun hech bir qimmati qolmaydi. Shunda xotini Zaresh va hamma do‘stlari Xomonga maslahat berishdi: — Dor tayyorlashsin, balandligi ellik tirsak bo‘lsin. Ertalab shohdan iltimos qil, Mordaxayni o‘sha dorga osishsin. Keyin xursand bo‘lib, shoh bilan birga ziyofatga boraverasan. Bu gap Xomonga ma’qul tushdi. U dorni tayyorlatib qo‘ydi. Shu kecha shohning uyqusi qochdi. Shoh: — “Kundalik xotiralar kitobi”ni olib kelinglar! — deb buyurdi. Kitobni unga o‘qib berishdi. Xotira kitobidagi shoh Axashverashning darvozabonlari Bixtan va Tarash shohning joniga qasd qilishni rejalashtirganlari, buni Mordaxay bilib qolib shohga yetkazgani to‘g‘risida yozilgan voqeaga yetib kelishdi. Shunda shoh: — Bu xizmati uchun Mordaxay nima bilan taqdirlangan? Unga hurmat ko‘rsatilganmi? — deb so‘radi. — U hech narsa bilan taqdirlanmagan, — deb javob berishdi shohning a’yonlari. — Hovlida kim bor? — so‘radi shoh. Shu paytda Xomon shoh saroyining tashqi hovlisiga kelgan va Mordaxay uchun tayyorlatib qo‘ygan dorga uni ostirish to‘g‘risida shoh bilan maslahatlashmoqchi bo‘lib turgan edi. Shohning a’yonlari: — Hovlida Xomon turibdi, — deb javob berishdi. — Bu yoqqa kirsin! — deb buyurdi shoh. Xomon kirgach, shoh undan so‘radi: — Shoh taqdirlamoqchi bo‘lgan odamga qanday hurmat ko‘rsatsa bo‘ladi? Xomon o‘z ko‘nglida: “Shoh mendan boshqa kimga ham izzat–hurmat ko‘rsatishni istardi”, deb o‘yladi va shohga aytdi: — Shohimiz hurmat ko‘rsatib, taqdirlamoqchi bo‘lgan odam uchun o‘zlari kiygan shohona liboslarni, shohimiz mingan, usti shohona zeb–ziynatlar bilan bezatilgan otni olib kelishsin. Shohning eng yaqin beklaridan biri qo‘liga liboslarni va otni berishsin. Shoh hurmat ko‘rsatib, taqdirlamoqchi bo‘lgan o‘sha odam kiyintirilgandan keyin, otga mindirilsin–da, shahar maydoniga olib chiqilsin. Uning oldida yurib “Shoh taqdirlamoqchi bo‘lgan odam mana shunday hurmatga sazovor bo‘ladi!” deb jar solinsin. Shoh Xomonga buyurdi: — Hoziroq, o‘zing aytganingday, liboslarni va otni olgin–da, saroy darvozasida turgan yahudiy Mordaxayga shunday qil. Aytganlaringdan birortasi ham qolib ketmasin. Xomon liboslarni va otni olib, Mordaxayni kiyintirdi. So‘ng uni otga mindirib, shahar maydoniga olib chiqdi va uning oldida yurib: “Shoh taqdirlamoqchi bo‘lgan odam mana shunday hurmatga sazovor bo‘ladi!” deb jar soldi. Mordaxay saroy darvozasiga qaytib keldi. Xomon esa sharmanda bo‘lganidan yuzini berkitib jadal uyiga yo‘l oldi. Xomon xotini Zareshga va barcha do‘stlariga yuz bergan voqeani aytib berdi. Do‘stlari va xotini Zaresh shunday deyishdi: — Mordaxay tufayli sen pastga ketding. Agar u yahudiylardan bo‘lsa, unga bas kela olmaysan. Aksincha, martabang, shubhasiz, pastlashadi. Ular gaplashib turganlarida, shohning mulozimlari kelib, Xomonni Ester tayyorlagan ziyofatga apil–tapil olib ketdilar. Shoh va Xomon malika Ester bilan yeb–ichish uchun unikiga kelishdi. Ular ikkinchi kuni ham sharobxo‘rlik qilishayotganda, shoh Esterga yana aytdi: — Qanday istaging bor, malika Ester? Istaging qondiriladi. Qanday iltimosing bor, malikam? Yarim shohlikni so‘rasang ham, beriladi. Shundan keyin malika Ester gapirdi: — Shoh hazratlari! Agar o‘zlari mendan mamnun bo‘lsalar, agar shohim ma’qul ko‘rsalar, istagim shuki, jonimni saqlab qolsinlar, tilagim shuki, mening xalqim joniga rahm qilsinlar! Men va mening xalqim yer yuzidan yo‘q qilinish uchun, o‘ldirilish va qirilish uchun sotilganmiz. Agar biz qul va cho‘ri qilib sotilganimizda edi, ovozimni chiqarmasdim. O‘sha dushmanning qilmishi uchun shohimizni bezovta qilish arzimas ish bo‘lardi. Shoh Axashverash malika Esterdan: — Kim u? Qani o‘sha odam? Kim shunday qilishga jur’at etdi? — deya so‘radi. — Zararkunanda, g‘anim, yovuz Xomon! — dedi Ester. Shu zahoti Xomon shoh bilan malika qarshisida vahimaga tushdi. Shoh g‘azab bilan dasturxondan turdi–yu saroy bog‘iga qarab ketdi. Xomon esa malika Esterdan “Jonimni qutqargin”, deb yolvorish uchun qoldi, chunki shohdan o‘ziga nisbatan yovuz qismat tayin etilganini u ko‘rib turardi. Shoh bog‘dan saroyning ziyofat bo‘layotgan xonasiga qaytganda, Xomon Ester yonboshlab o‘tiradigan o‘rindiqqa mahkam yopishib yotgan edi. Shoh bu ahvolni ko‘rdiyu: — Oh–ho, men uyda ekanimda malikaning nomusiga tegmoqchi bo‘ldingmi? — deb baqirdi. Shoh gapini tugatar–tugatmas, Xomonning yuzini yopdilar. Shohning mulozimlaridan biri Xarbona aytib qoldi: — Ha, aytganday, Xomon uyining oldiga ellik tirsakli dor tayyorlab qo‘ygan. Bu dorga Mordaxayni osmoqchi. Mordaxay esa shohimizni ogohlantirib uning hayotini saqlab qolgan. — O‘sha dorga Xomonning o‘zini osinglar! — deb farmon berdi shoh. Mordaxay uchun tayyorlab qo‘yilgan dorga Xomonning o‘zini osdilar. Shundan so‘nggina shohning g‘azabi bosildi. O‘sha kuni shoh Axashverash yahudiylar dushmani Xomonning mol–mulkini malika Esterga in’om qildi. Mordaxay shoh huzuriga kirib chiqadigan bo‘ldi. Chunki malika Mordaxayning o‘ziga qarindosh ekanini aytgan edi. Shoh Xomondan qaytarib olgan muhr uzugini barmog‘idan chiqarib Mordaxayga berdi. Ester esa Mordaxayni Xomonning mol–mulki ustidan boshqaruvchi qilib tayinladi. Ester shoh bilan yana gaplashdi. Shohning oyog‘iga yiqilib “O‘gax naslidan bo‘lgan Xomonning yahudiylarga qarshi o‘ylagan xusumatini va rejasini daf qiling”, deb yig‘lab yolvordi. Shoh saltanatning oltin hassasini Esterga tomon uzatgan edi, Ester o‘rnidan turib, shohning qarshisiga keldi va aytdi: — Agar shohimiz ma’qul ko‘rib, mendan mamnun bo‘lsalar, bu ishni o‘rinli deb bilsalar, o‘zlariga yoqqan bo‘lsam, O‘gax naslidan Xamadoto o‘g‘li Xomonning shohlik hududidagi hamma yahudiylarni qirib tashlash to‘g‘risida qasddan yozgan maktubini qaytarish uchun maktub yozilsin. Axir, xalqimning boshiga tushadigan kulfatni tomosha qilib chidab tura olamanmi?! Qabiladoshlarim o‘ldirilayotganda, guvoh bo‘lib tura olamanmi?! Shunda shoh Axashverash malika Esterga va yahudiy Mordaxayga aytdi: — Xomonning mol–mulkini Esterga berdim. Xomon esa yahudiylarni qirib tashlamoqchi bo‘lgani uchun, uni dorga ostirdim. Endi shoh nomidan yahudiylar to‘g‘risidagi maktubni o‘zlaringizga ma’qul keladigan tarzda yozib, shohning uzugi bilan muhrlanglar. Shoh nomidan yozilib, shohning uzugi bilan muhrlangan maktubni hech kim o‘zgartirishi mumkin emas. Shundan so‘ng uchinchi oyda — Shavon oyining yigirma uchinchi kuni shohning mirzalari chaqirildi. Hindistondan Habashistongacha bo‘lgan bir yuz yigirma yetti viloyatdagi yahudiylarga, noiblarga, hokimlarga, viloyatlarning beklariga xuddi Mordaxay buyurganiday maktub yozildi. Maktub har bir viloyat xalqining yozuvi va tilida, yahudiylarga ham o‘zlarining yozuvida va tilida yozildi. Mordaxay shoh Axashverash nomidan maktubni yozdirgach, shohning uzugi bilan muhrladi va shohning yilqisidagi uchqur otlarga choparlarni o‘tqazib jo‘natdi. Shoh maktubda yahudiylarga hamma shaharlarda to‘planib, o‘zlarini himoya qilishlariga huquq berdi. Bundan tashqari, hujum qiladigan har qanday dushman xalqning yoki yurtning qurolli kuchlarini, bolalarini va ayollarini yo‘q qilishga, o‘ldirishga, mol–mulkini talon–taroj qilishga, qirishga ijozat berdi. Shoh Axashverashning qo‘l ostidagi hamma yurtlarda bir kun — o‘n ikkinchi oyning, ya’ni Adar oyining o‘n uchinchi kuni uchun ijozat berilgandi. Ushbu farmon matni har bir viloyatga, barcha xalqlarga qonun o‘rnida e’lon qilindi. Shunday qilib, yahudiylar o‘sha kuni o‘z dushmanlaridan qasos olishga tayyor turishlari kerak edi. Choparlar shohning uchqur otlariga mindilaru uning farmoniga ko‘ra, to‘rt tomonga yelib ketdilar. Shushandagi qal’ada ham farmon e’lon qilindi. Mordaxay ko‘k va oq rangli shohona liboslarga burkanib, katta oltin tojni kiyib, safsar rangli zig‘ir ridoga o‘ranib, shoh huzuridan chiqdi. Shushanda xursandchilik, shodu xurramlik hukm surardi. Bundan yahudiylarning qalbi umidga to‘ldi, shodu xurram, vaqti chog‘ bo‘ldi, ular uchun sharafli kunlar boshlangan edi. Hamma viloyatlarda, har bir shaharda, shohning amru farmoni yetib borgan har qanday joyda yahudiylar shodu xurram bo‘lib, o‘ynab–kuldilar, ziyofatlar uyushtirdilar, bayram qildilar. Shohlikdagi ko‘p xalqlar yahudiy bo‘ldi, chunki hammani yahudiylardan qo‘rquv tuyg‘usi qamrab olgan edi. Shohning amru farmoni ijro qilinadigan o‘n ikkinchi oy — Adar oyining o‘n uchinchi kuni keldi. Bu kunni yahudiylarning g‘animlari, ularning ustidan hukmronlikni egallaymiz, deb umid bilan kutgan edilar. Ammo aksincha bo‘lib chiqdi: yahudiylar o‘z g‘animlari ustidan hukmronlikni o‘rnatdilar. Yahudiylar yovuz kimsalarga qarshi kurashish uchun shoh Axashverashga qarashli hamma viloyatlardagi o‘zlari yashaydigan shaharlarda bir joyga yig‘ildilar. Hech kim yahudiylarga dosh bera olmadi, chunki yahudiylardan qo‘rquv tuyg‘usi hamma xalqlarni qamrab olgan edi. Viloyatlardagi hamma beklar, noiblar, hokimlar va shohning a’yonlari Mordaxaydan qo‘rqqanlari uchun yahudiylarni qo‘llab–quvvatladilar. Mordaxay saroyning yuksak martabali odami bo‘lib, u tobora o‘sib borar, uning shuhrati butun viloyatlarga yoyilardi. Yahudiylar jamiki dushmanlarini qilichdan o‘tkazib, o‘ldirib, qirib tashladilar. G‘animlariga nisbatan istaganini qildilar. Jumladan, yahudiylar Shushan qal’asida besh yuz kishini qirib tashladilar. [7-10] Yana yahudiylar o‘zlarining dushmani Xamadoto o‘g‘li Xomonning o‘nta o‘g‘lini — Parshandata, Dalfon, Aspata, Po‘rata, Odaliyo, Oridato, Parmashto, Orisay, Oriday va Vayzotoni o‘ldirdilar. Ammo mol–mulkiga qo‘l tekkizmadilar. *** *** *** O‘sha kuni Shushan qal’asida o‘ldirilganlarning hisobini shohga ma’lum qildilar. Shoh esa malika Esterga aytdi: — Yahudiylar Shushan qal’asida Xomonning o‘nta o‘g‘lini va yana besh yuz kishini qirib, yo‘q qildilar. Kim bilsin, boshqa viloyatlarimda ular nima qildilar ekan? Istaging nima? Ayt, qondirayin. Yana qanday tilaging bor? Bajo qilayin. — Agar shohimizga ma’qul bo‘lsa, Shushandagi yahudiylar ertaga ham bugungi farmoningizni ijro etsinlar, — dedi Ester. — Xomonning o‘nta o‘g‘lining jasadlari ham dorga osilsin. Shoh ushbu istakni bajarishni buyurdi. Shushanda farmon chiqarildi. Xomonning o‘nta o‘g‘lining jasadi ham dorga osildi. Adar oyining o‘n to‘rtinchi kuni Shushandagi yahudiylar yana to‘planib, qal’ada dushmanlardan uch yuztasini o‘ldirdilar. Lekin mol–mulkiga qo‘l tekkizmadilar. Shohlikning turli viloyatlarida yashaydigan boshqa yahudiylar ham jonini saqlash va dushmanlaridan qutulish uchun bir joyga to‘plandilar. Dushmanlaridan yetmish besh ming kishini o‘ldirdilar, lekin mol–mulkiga qo‘l tekkizmadilar. Bularning hammasi Adar oyining o‘n uchinchi kuni yuz berdi. Yahudiylar o‘n to‘rtinchi kuni tinchib, bu kunni bayram qildilar. Shushandagi yahudiylar ham o‘zlarini qutqarish uchun o‘n uchinchi va o‘n to‘rtinchi kunlari yig‘ildilar. O‘n beshinchi kuni esa tinchib, bu kunni bayram qildilar. Shuning uchun qishloq ahli Adar oyining o‘n to‘rtinchi kunini bayram sifatida nishonlab ziyofat uyushtiradilar va bir–birlariga taom ulashadilar. Mordaxay bu voqealarni yozib qo‘ydi. So‘ngra shoh Axashverash qo‘li ostidagi uzoq–yaqindagi hamma yurtlarda yashayotgan yahudiylarga maktublar yubordi. Maktubda har yili Adar oyining o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi kunlarini nishonlash lozimligi ta’kidlangan edi. Chunki bu kunlar — yahudiylar o‘z dushmanlaridan qutulgan kunlardir. O‘sha oy — g‘am — xursandchilikka, motam — bayramga aylangan oydir. Mordaxay: “Shu kunlari ziyofat berib, xursandchilik qilinsin, taomlar ulashilsin, kambag‘allarga hadyalar in’om qilinsin”, deb buyurgan edi. Shunday qilib, yahudiylar Mordaxayning buyrug‘ini qabul etdilar va boshlagan bayramlarini davom ettirdilar. Darvoqe, butun yahudiylarning dushmani O‘gax naslidan bo‘lgan Xamadoto o‘g‘li Xomon fitna qo‘zg‘ab yahudiylarni ezib, yo‘q qilish uchun pur — qur’a tashlagandi. Lekin Ester shohning huzuriga kirganda, shoh yangi maktub orqali farmon bergandi: Xomon yahudiylarga qarshi yovuz reja o‘ylab qo‘ygan, lekin rejasi o‘zining boshiga yetib, Xomon va uning o‘g‘illari dorga osilgandi. Shuning uchun bu bayramga Purim deb nom berilgandi. Bu nom “pur” so‘zidan olingan. Shunday qilib, yahudiylar Mordaxayning maktubida yozilganlardan, ko‘rgan–kechirganlaridan va boshlariga tushgan ko‘rgiliklardan keyin, o‘zlari, bolalari va barcha qabiladoshlari o‘sha ikki kunni belgilangan vaqtda, yozilganiday, har yili doimiy ravishda bayram qilishga qaror qilgandilar. “Bu kunlar avlodlar osha hamma oilada, viloyatlarda, har bir shaharda unutilmasdan, bayram qilinsin, Purim kunlarini yahudiylar o‘tkazib yubormasin, bu kunlar avlodlar osha davom etib xotirlansin”, deb qaror chiqardilar. Abuhayil qizi malika Ester, yahudiy Mordaxay bilan birga, o‘z huquqi bo‘yicha, Purim to‘g‘risida o‘sha yangi maktubni yozib tasdiqladi. Mordaxay Axashverashning hukmronligi ostidagi yuz yigirma yettita viloyatda yashaydigan hamma yahudiylarga tinchlik–omonlik tilangan o‘sha maktublarni yubordi. Maktubda malika Ester bilan Mordaxay ilgari buyurganlariday, Purim kunlarini belgilangan sanada nishonlashga qat’iy rioya qilishlari aytilgan edi. Bu bayramlarga yahudiylar, o‘zlari va bolalari ro‘za tutishga va motam odatlariga amal qilganlari singari, rioya qilishlari ta’kidlangan edi. Shunday qilib, Purimga oid qoidalar, Esterning buyrug‘iga ko‘ra, tasdiqlandi va kitobga yozib qo‘yildi. Shoh Axashverash o‘z shohligining bu chetidan tortib orollargacha bo‘lgan joylarda o‘lpon yig‘ardi. Uning kuch–qudrati, faoliyati va Mordaxayni har jihatdan qanday yuksaltirgani Fors hamda Midiya shohlarining “Kundalik xotiralar” kitobida yozilgan. Yahudiy Mordaxay, huquqi bo‘yicha, shoh Axashverashdan keyin turardi. U yahudiy qabiladoshlari orasida ulug‘likka erishdi, birodarlari orasida hurmatga sazovor bo‘ldi. Chunki u o‘z xalqi manfaati uchun, hamma qabiladoshlarining tinchligi uchun kurashardi. Bir vaqtlar Uz degan yurtda Ayub ismli bir odam yashar edi. Bu odam aybsiz va solih edi. U Xudodan qo‘rqardi, fosiqlikdan yuz o‘girgan edi. Uning yettita o‘g‘li va uchta qizi bor edi. Uning yana yetti mingta qo‘yi, uch mingta tuyasi, omochga qo‘shiladigan besh yuz juft ho‘kizlari, besh yuzta eshagi va juda ham ko‘p xizmatkorlari bor edi. Bu kishi sharqda yashaydiganlar orasida eng buyuk odam edi. Ayubning o‘g‘illari bir–birlarining uylariga borib, ziyofatlar uyushtirishar, opa–singillarini ham mehmonga chaqirishar edi. Ziyofatlar tugagandan keyin Ayub farzandlarini chaqirtirardi. “Farzandlarim yuraklarida Xudoni la’natlab, gunoh qilgan bo‘lishlari mumkin”, deya erta tongda ularning har biri uchun kuydiriladigan qurbonliklar keltirib, ularni poklardi. Ayub har doim shunday qilar edi. Bir kuni samoviy mavjudotlar Egamizning oldiga kelishdi. Ularning orasida shayton ham bor edi. Shaytondan Egamiz: “Qayerdan kelyapsan?” — deb so‘radi. Shayton: “Yer yuzining u yog‘idan bu yog‘iga yurib, aylanib chiqdim”, — deb javob berdi. Shaytonga Egamiz shunday dedi: “Qulim Ayubni ko‘rdingmi? Yer yuzida unga o‘xshagan hech kim yo‘q. U aybsiz va solih odam. Mendan qo‘rqadi, fosiqlikdan yuz o‘girgan.” Shayton shunday javob berdi: “Ayub bekordan–bekorga Sendan qo‘rqarmidi?! Uning xonadonini, o‘zini, bor narsasini himoya qilasan–ku! Har bir qilgan ishiga baraka berasan. Qara, uning mol–qo‘ylari butun yurt bo‘ylab yoyilib ketgan. Hozir undan bor narsasini olib qo‘ygin–chi! U yuzingga qarab Seni la’natlaydi.” Shaytonga Egamiz shunday dedi: “Mayli, Ayubning bor–budi senga, faqatgina uning o‘ziga qarshi qo‘l ko‘tarma!” Shunday qilib, shayton Egamizning huzuridan ketdi. Bir kuni Ayubning farzandlari ziyofat qilib o‘tirishgan edi. Ular eng katta akalarining uyida yig‘ilgandilar. Ayubga bir xizmatkori quyidagi xabarni keltirdi: “Ho‘kizlaringizni omochga qo‘shib, yer haydayotgan edik. Eshaklar oldimizda o‘tlab yurgandi. Bir to‘da Savoliklar bizga hujum qilishdi. Ular hamma hayvonlarni o‘g‘irlab ketishdi. Dalada ishlayotganlarning hammasini esa o‘ldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” U shu gaplarni aytib ulgurmasdanoq, yana bir xabarchi kelib, shunday dedi: “Osmondan chaqmoq tushib, hamma qo‘ylaringiz va cho‘ponlaringizni kuydirib yubordi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” U gaplarini tugatmasdan turib, uchinchi xabarchi kelib shunday dedi: “Uch to‘da Xaldeyliklar kelib, tuyalaringizni o‘g‘irlab ketishdi. Xizmatkorlaringizni esa o‘ldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” U shu gaplarni aytayotgan ham ediki, yana bir xabarchi kelib dedi: “O‘g‘il–qizlaringiz eng katta akalarining uyida ziyofat qilib o‘tirishgan edi. Birdaniga cho‘ldan qattiq shamol turib, uyni to‘rttala tomonidan urdi. Uy qulab tushib, farzandlaringizni bosib qoldi. Ularning hammasi halok bo‘ldi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” Ayub turib, qayg‘udan kiyimini yirtib tashladi. Keyin sochini qirib tashlab, yerga muk tushdi. U shunday dedi: “Onamning qornidan yalang‘och tushgandim, dunyodan ham yalang‘och ketaman. Hamma narsamni Xudo bergan edi, Xudoning O‘zi olib qo‘ydi. Egamning nomiga hamdu sanolar bo‘lsin!” Shuncha ko‘rgiliklardan keyin ham, Ayub Xudoni ayblamadi, gunoh qilmadi. Bir kuni samoviy mavjudotlar Egamizning oldiga kelishdi. Shayton ham Egamizning huzuriga keldi. Shaytondan Egamiz: “Qayerdan kelyapsan?” — deb so‘radi. Shayton Egamizga: “Yer yuzining u yog‘idan bu yog‘iga yurib, aylanib chiqdim”, — deb javob berdi. Shaytonga Egamiz shunday dedi: “Qulim Ayubni ko‘rdingmi? Yer yuzida unga o‘xshagan hech kim yo‘q. U aybsiz va solih odam. Mendan qo‘rqadi, fosiqlikdan yuz o‘girgan. Sen esa bekorga Meni unga zarar ko‘rsatishga undading. Qara, u hali ham solihligida mahkam turibdi.” Shayton shunday javob berdi: “Joniga azob berib ko‘r–chi, nima qilar ekan?! Ko‘rasan, inson o‘z jonini saqlab qolish uchun hamma narsadan voz kechadi. Hozir uning tanasini dardga yo‘liqtirgin, u yuzingga qarab Seni la’natlaydi.” Shaytonga Egamiz shunday dedi: “Mayli, Ayubni qo‘lingga topshirdim. Uni faqat tirik qoldirgin.” Shayton Egamizning huzuridan chiqib, Ayubni boshidan oyog‘igacha jirkanchli yaralar bilan qoplab tashladi. Ayub kul uyumlari orasida, sopol parchasi bilan yaralarini qashlab o‘tirardi. Xotini unga: “Hamon solihligingizda mahkam turaverasizmi?! Xudoni la’natlang–da, o‘lib qo‘ya qoling”, — dedi. Ayub esa xotiniga shunday javob berdi: “Sen ahmoq xotinlarday gapiryapsan. Xudoning qo‘lidan yaxshi narsalarni qabul qilamiz–u, yomonlarini olmaymizmi?” Shuncha azob–uqubatdan keyin ham Ayub Xudoga qarshi gapirib, gunoh qilmadi. Ayubning boshiga tushgan kulfatlar haqida uning uch do‘sti eshitdi. Bular temonlik Elifaz, shuvaxlik Bildad va namaxlik Zo‘far degan odamlar edi. Ular Ayubga hamdardlik bildirib, tasalli berish niyatida yig‘ildilar. Uni ko‘rishga keldilar. Do‘stlari Ayubni uzoqdan ko‘rib taniy olmadilar. Qattiq dod–faryod solib, kiyimlarini yirtishdi, boshlari uzra tuproq sochishdi. Ular Ayub bilan birga yetti kun–yetti kecha yerda o‘tirdilar. Mana shu kunlar davomida hech biri Ayubga gapirmadi, chunki u juda qattiq azob chekayotganini ko‘rib turar edilar. Oxiri Ayub so‘z boshlab, o‘zi dunyoga kelgan kunni la’natladi. U shunday dedi: “Men tug‘ilgan kun qirilib ketsin, Men yaratilgan kecha la’nati bo‘lsin. O‘sha kun zulmatga aylanib qolsin! Hatto Xudo ham shu kunni eslamasin, O‘sha kun hech qachon nur ko‘rmasin. Zim–ziyo zulmat uni qamrasin, U kunni bulutlar berkitsin, Quyosh nurini qorong‘ilik to‘sib qo‘ysin. Ha, o‘sha kechani zulmat yutib yuborsin! Yil kunlari orasida hech qachon sanalmasin, Oylarning hisobiga o‘sha kecha kirmasin. O‘sha kecha qisir bo‘lsin, Undan shodlik ovozi yangramasin. Maxluq Levitanni chaqirishga qodir bo‘lganlar uni qarg‘asin, Ha, la’nat o‘qiydiganlar o‘sha kechaga qarg‘ish yog‘dirsin. O‘sha kechada tong yulduzlari charaqlamasin. O‘sha kecha yorug‘likka umid qilsin–u, Ammo tong shu’lasini ko‘rmasin. Onamning bachadonini berkitmagani uchun, Meni shuncha qayg‘udan xoli qilmagani uchun O‘sha kecha la’nati bo‘lsin. Nima uchun o‘lik tug‘ilmadim?! Onam qornidan tushiboq, o‘lmadim?! Nima uchun onam meni tizzalarida olib o‘tirdi ekan?! Nima uchun meni emizdi ekan?! O‘lganimda edi, hozir tinch yotgan bo‘lardim. Uxlab, orom olib yotgan bo‘lardim. Vayronalarni tiklashga qodir bo‘lgan Shohu amaldorlar bilan birga bo‘lardim. Tillaga boy, uylarini kumushga to‘ldirgan Shahzodalar qatori yotgan bo‘lardim. Nima uchun o‘lik tug‘ilgan boladay bo‘lmadim?! Nima uchun yorug‘lik ko‘rmagan chaqaloqday ko‘milmadim?! Axir, qabrda fosiqlar ham Fosiqlik qilishdan to‘xtaydilar–ku! Charchaganlar ham dam oladilar–ku! Asirlar u yerda jam bo‘lib tinch yashaydi, Nazoratchilarning baqir–chaqiri eshitilmaydi. Katta ham kichik ham u yerda bordir, Qullar ham nihoyat u yerda ozoddir. Nima uchun qiynalganga yorug‘lik berilgan, Qayg‘uga botganga esa hayot ato qilingan?! Ular o‘limni kutadilar, lekin o‘lim kelmaydi, Qimmatbaho xazinadan ham ko‘ra ko‘proq O‘limni izlaydi ular. O‘lim topganlarida ular juda quvonadi, Shodlikdan boshlari osmonga yetadi. Nima uchun yo‘lni ko‘rolmaydiganlarga yorug‘lik berilgan?! Axir, Xudo ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygan–ku! Non yeyish o‘rniga og‘ir uf tortaman, Chuqur ohu nolalarim suvday oqib chiqyapti. Ha, nimadan qo‘rqqan bo‘lsam, o‘sha boshimga tushdi. Xavfsiraganlarim sodir bo‘ldi. Ko‘nglim tinch emas, menda xotirjamlik yo‘q, Tinchlik yo‘q, g‘am–tashvish esa kelaveradi.” Shundan keyin temonlik Elifaz Ayubga shunday dedi: “Bir gap aytsam, xafa bo‘lmaysanmi? Axir, kim gapirmay jim tura oladi?! Sen ko‘plarga nasihat qilar eding. Ojizlarga yordam berar eding. Qoqilganlarga so‘zlaring bilan dalda berarding, Og‘ir yuk ostida ezilganlarga kuch bag‘ishlarding. Endi esa azob–uqubatga uchraganingda tushkunlikka tushyapsan, O‘z boshingga tushganlardan sarosimada o‘tiribsan. Xudodan qo‘rqishing umiding bo‘lishi kerak emasmi?! Yo‘llaring to‘g‘riligi senga umid bag‘ishlamaydimi?! O‘ylab ko‘rgin–chi, qachon aybsiz inson halok bo‘lgan?! Biror yerda solih kishi hech yo‘q qilinganmi?! O‘z hayotimda ko‘rganman, kim yovuzlik, G‘am–g‘ussa eksa, xuddi o‘shani o‘radi. Xudoning nafasi ularni o‘ldiradi, Xudoning g‘azabidan fosiqlar daf bo‘ladi. Ularning shernikiday bo‘lgan ovozlarini Xudo o‘chiradi, O‘sha maxluqlarning tishlarini Xudo sindiradi. O‘lja yo‘qligidan u sherlar halok bo‘ladi, Shervachchalari ham uzoqlarga tarqalib ketadi.” “Menga bir so‘z yashirincha keldi, Qulog‘imga shivirlab eshitildi. Insonlar chuqur uyquda bo‘lganda, Tashvishli tushlarda bu so‘z keldi. Meni qo‘rquv–qaltiroq bosdi, Butun vujudim larzaga keldi. Bir ruh yuzimni silab o‘tdi, Shunda tuklarim tikka bo‘lib ketdi. Ruh to‘xtab, qimirlamay turdi, Ammo uni aniq ko‘rmadim. Ko‘z oldimda bir sharpa turar edi. Sukunat cho‘kdi, keyin bir ovoz eshitdim: “Insonlar Xudoning oldida solih bo‘la oladimi?! Odamlar Yaratuvchisining oldida pok bo‘la oladimi?! Axir, Xudo hatto O‘z farishtalariga ishonmaydi–ku, Ulardan ham ayb topadi–ku! Shunday ekan, tuproqdan yaratilgan insonlardan, Loydan bino bo‘lgan, kuyaday eziladigan Odamlardan qanchalar ayb topadi?! Axir, ular ertalab bor, Kechasi esa yo‘q bo‘lib ketadigan insonlar–ku! Ularning nomi abadiy o‘chib ketadi. Chodirlarining arqonlari uzib tashlanadi, Ular donolikka yetishmay halok bo‘ladilar.” Qani, Ayub, hozir chaqirib ko‘r–chi, Kim senga javob berar ekan? Qaysi farishta senga yordamga kelar ekan? Ranj–alam nodonni halok qiladi, Hasad soddani o‘ldiradi. Nodonlarning ildiz otib, ko‘karganini ko‘rdim, Birdaniga ularning uylarini la’natladim. Ularning farzandlari xavfdan uzoq bo‘lmaydi. Hukm paytida ularni ezadilar, Lekin hech kim ularni himoya qilmaydi. Nodonlar yetishtirgan hosilni och qolganlar yeb qo‘yadi, Hatto tikanlar bilan o‘ralganlarini ham olib qo‘yadi. Nodonlarning boyligini chanqaganlar yutib yuboradi. Axir, qayg‘u yerdan unib chiqmaydi–ku, G‘am–tashvish dalada o‘smaydi–ku! Alangadan uchqun sakrab chiqqani kabi, Inson ham o‘zi uchun muammo keltirib chiqaradi. Men Xudoga intilgan bo‘lar edim, O‘z arzimni Xudoga aytgan bo‘lardim. U shunday buyuk ishlar qiladiki, Ularga insonning aqli yetmaydi. Xudo ko‘rsatgan mo‘jizalarning son–sanog‘i yo‘q. U yer yuziga yomg‘ir yog‘diradi, Dalalarni sug‘oradi. Xor bo‘lganlarni ko‘taradi, Qayg‘uga to‘lganlarni shodlikka to‘ldiradi. U ayyorlarning rejalarini puchga chiqaradi, Shunda ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi. U donolarni o‘zlarining ayyorliklari orqali tutib oladi, Egrilarning niyatlarini puchga chiqaradi. Kunduz kuni ham ular zulmatda qolishadi, Yop–yorug‘ kunda ham paypaslanib yurishadi. Lekin Xudo faqirlarni egrilarning achchiq so‘zlaridan, Zolimlarning changalidan qutqaradi. Shu bois kambag‘allarning umidi bor, Nohaqlikning esa og‘zi yopiladi. Xudoning pand–nasihatini olganlar qanday baxtlidir, Shuning uchun Qodir Xudoning tanbehini rad qilmagin. Xudo yaralaydi, ammo O‘zi bog‘lab qo‘yadi. Xudo uradi, lekin yana O‘zi shifo beradi. U seni oltita g‘am–tashvishdan qutqaradi, Ha, yettita qayg‘u–alam senga yaqinlashmaydi. Qurg‘oqchilik paytida Xudo seni o‘limdan, Urush paytida esa qilichdan saqlaydi. Xudo seni zaharli tillardan himoya qiladi, Halokat kelganda sen qo‘rquvga tushib qolmaysan. Vayronayu qurg‘oqchilik ustidan kuladigan bo‘lasan, Yer yuzidagi yovvoyi hayvonlardan qo‘rqmaydigan bo‘lasan. Yer haydaganingda dalangda toshlar bo‘lmaydi, Yovvoyi hayvonlar senga hujum qilmaydi. Uying bexatar ekanligini bilasan, Podalaringni tekshirganingda hammasi o‘z joyida bo‘ladi. Farzandlaring ko‘p bo‘ladi, Avloding daladagi maysaday ko‘payadi. Sen bevaqt qabrga kirmaysan, O‘z vaqtida yig‘ilgan bug‘doy doniday bo‘lasan. Bularning hammasi to‘g‘ri, O‘z tajribamizdan bilamiz. Endi nasihatlarimizga quloq sol, Ularni qabul qil.” Shundan keyin Ayub yana gapirdi: “Qani endi, qayg‘ularimni o‘lchashning iloji bo‘lsa edi, Mening kulfatlarim tarozida tortib ko‘rilsa edi. Ular dengiz qumlaridan ham og‘irroq chiqqan bo‘lar edi. Shuning uchun ham o‘poq–so‘poq gaplar aytdim. Qodir Xudo otgan nayzalar tanamdadir, Ruhim ularning zahridan ichmoqda. Xudoning barcha dahshatlari menga qarshi tayyorlangan. Asov eshak o‘t yo‘qligida hangraydi–ku! Ho‘kiz ham ohurida yem bo‘lmasa bo‘kiradi–ku! Tuzsiz ovqatni yeb bo‘lmaydi–ku! Pishirilmagan tuxum oqi axir, naqadar bemaza! Ularni ko‘rib ishtaham yo‘qoladi. Ularni yeyishni o‘ylasam ko‘nglim ayniydi. Qani endi, tilagim bajo bo‘lsa edi, Xudo niyatimni bajo keltirsa edi! Qani endi, Xudo meni ezib tashlashga rozi bo‘lsa edi, Qo‘liga erk berib, jonimni olsa edi. Ana o‘shanda men tasalli topgan bo‘lardim, Hatto og‘riqlarimga qaramay quvongan bo‘lardim, Chunki Muqaddas Xudoning so‘zlarini men rad qilganim yo‘q. Qachongacha kutaman axir, kuchim yetarmikan?! Oxiri nima bo‘ladi o‘zi? Nima uchun sabr–toqat qilishim kerak?! Men toshday qattiq emasman–ku! Mening tanam temirdan emas–ku! Yo‘q, o‘zimga o‘zim yordam berolmayman, Hech bir chora–ilojim yo‘q. Qayg‘u–alam tortayotgan inson Qodir Xudodan qo‘rqishni rad qilgan bo‘lsa ham, O‘sha insonga sodiq do‘stlar kerak. Ammo do‘stlarimga ham ishonib bo‘lmaydi, Ular oqib o‘tib ketadigan irmoqlardaydir. O‘sha irmoqlar muzu qor eriganda toshib oqadi, Issiq havoda esa ular qurib qoladi, Kun qiziganda g‘oyib bo‘ladi. Karvonlar bu irmoqlarni qidirib, Yo‘llaridan adashib ketadilar. Yurib–yurib, cho‘lda halok bo‘ladilar. Temo yurtining karvonlari ham suv qidirib keladilar, Shava yurtidan kelganlar ham suvga umid qiladilar. Ammo o‘sha irmoqlarga ishonganlar tushkunlikka tushadilar, U yerga borib, gangib qoladilar. Sizlar ham men uchun xuddi o‘sha irmoqlardaysizlar. Kulfatimni ko‘rib turib, vahimaga tushyapsizlar. Sizlardan biron narsa so‘radimmi?! Yoki boyligingizdan berib, meni qutqaringlar, deb aytdimmi?! Dushmanlarimning qo‘lidan qutqaringlar, dedimmi?! Yoki zo‘ravonlardan meni xalos qilinglar, deb so‘radimmi?! Menga o‘rgatinglar, mayli jim turaman. Qanday noto‘g‘ri ish qilganimni tushuntirib beringlar. Haqiqat so‘zlari naqadar achchiq! Lekin gaplaringiz nimani isbotlyapti? Meni behuda gaplarni aytyapti, deb o‘ylaysiz. Shunday ekan, nimaga tushkunlikda aytganlarimga javob qaytarasiz?! Sizlar hatto yetimlar uchun qur’a tashlagan bo‘lardingiz. Do‘stingiz ustidan savdolashib, uni sotgan bo‘lardingiz. Endi marhamat qilib menga qaranglar, Men sizlarga yolg‘on gapirmayman. Bas endi, nohaqlik qilmang. Axir, mening aybim yo‘q–ku! Yo gapimda biror nohaqlik bormi? Tilim yovuzlikning ta’mini ajrata bilmaydimi?! “Insonning yerdagi mehnati mashaqqatli–ku! Uning kunlari mardikorning kuniga o‘xshaydi–ku! Ha, inson soyani qo‘msagan qulga o‘xshaydi! O‘z haqini kutgan mardikordaydir u! Menga ham maqsadsizlikka to‘la oylar, Qayg‘uga to‘la tunlar berilgan. Yotganimda: “Qachon tong otarkan?” — deyman, Lekin tun juda cho‘zilib ketadi, Tong otguncha ag‘nab chiqaman. Tanamni qurt va yara bosib ketgan, Terim yorilib, yiringlab ketgan. Kunlarim bo‘zchining mokisidan ham tezroq o‘tadi, Aslo umid bag‘ishlamay o‘tib ketaveradi. Ey, Xudoyim, hayotim bir nafasday ekanligini yodingda tut, Ko‘zlarim endi hech qachon yaxshilikni ko‘rmaydi. Hozir meni ko‘rib turibsan, lekin bu uzoqqa cho‘zilmas, Meni qidirasan, lekin men o‘shanda bo‘lmayman. Bulut tarqalib, yo‘q bo‘lib ketadi. Xuddi shunga o‘xshab, o‘liklar diyoriga ketganlar qaytib kelmaydi. Ular uylariga qaytib kelmaydilar, O‘z yashagan joylarida ularni bilmaydilar. Shuning uchun jim bo‘lmay, O‘z dardimni bayon qilaman, Alam–hasratda shikoyat qilaman. Ey Xudoyim! Nima uchun ustimdan qo‘riqchi qo‘yding? Men dengizmanmi yoki dengiz maxluqimanmi? “To‘shagim menga tasalli berar, Uyqu dardimni yengillashtirar”, — desam, Tushlar orqali meni qo‘rqitasan, Vahiylar orqali dahshatga solasan. Shunda men, qani endi bo‘g‘ilib qo‘ya qolsam, deyman, Axir, shu jismimda yashashdan ko‘ra, o‘lim afzalroq. Hayotimdan nafratlanyapman, abadiy yashamayman. Hayotim bir nafasday bo‘lsa o‘zi, meni tinch qo‘ygin, axir! Inson kim bo‘libdiki, Unga shunchalik e’tibor bersang?! Odam kim bo‘libdiki, U haqda o‘ylasang?! Har tong uni tekshirib, Har lahzada sinasang?! Bir lahzaga mendan yuz o‘girgin, Tinch qo‘ygin, hech bo‘lmasa bir yutinay. Gunoh qilgan bo‘lsam, Senga nima, ey, odamzod qo‘riqchisi?! Nima uchun meni O‘zingga nishon qilib olding?! Sening mendan qasding bormi?! Nima uchun gunohimni kechirib, Aybimdan forig‘ qilmaysan? Axir, yaqinda tuproqqa qaytaman–ku! Meni qidirganingda esa yo‘q bo‘lib ketgan bo‘laman. Shuvaxlik Bildad Ayubga shunday dedi: “Qachongacha shunday gaplarni gapirasan? Og‘zingdan chiqqan so‘zlar shamolga o‘xshaydi–ya! Xudo adolatga xiyonat qiladimi? Qodir Xudo haqiqatning yo‘lini to‘sadimi? Farzandlaring Unga qarshi gunoh qilgan bo‘lsa, Xudo ularni gunohlari uchun jazoladi. Xudoga yuz burgin, Qodir Xudoga yolvorgin. Agar pok va solih bo‘lsang, Albatta U senga qo‘lini uzatib, Seni o‘z haqqoniy joyingga qaytaradi. Oxiri shunchalik farovon bo‘lasanki, Avvalgi holating nochorday tuyuladi. Ana, o‘tib ketganlarga qaragin, Ajdodlarimizning qilganlariga e’tibor bergin. Axir, biz kechagina tug‘ilganmiz, hech narsa bilmaymiz, Hayotimiz ham soyadek o‘tib ketadi. Ajdodlarimiz senga muallim bo‘ladi, Ularning aql–zakovatidan saboq ol. To‘qayzor bo‘lmasa qamish o‘sadimi?! Suv bo‘lmagan joyda qamish bo‘y cho‘zadimi?! Qamishlar hali ko‘karib turgan paytdayoq, Kesilishga tayyor bo‘lmay turib, Hamma o‘tlardan oldin so‘lib qoladi. Ha, Xudoni unutganlar ham shu ko‘yga tushadi, Betavfiqlarning umidi puchga chiqadi. Ular umid bog‘lagan narsalar juda mo‘rtdir, Ular ishongan narsalar o‘rgimchakning to‘rlaridaydir. Ular o‘z uyiga suyanadilar, ammo uy buzilib ketadi. Uyini mahkam ushlaydilar, lekin uy bardosh bermaydi. Fosiqlar yaxshi sug‘orilgan, Quyosh nuri ostida o‘sayotgan butaga o‘xshaydilar, Novdalari butun bog‘ bo‘ylab yoyilib ketgan. Ildizlari toshlarga chirmashib, O‘sha yerdan o‘ziga joy qidiradi. Lekin ildiz yulib tashlanganda, O‘sgan joyi ham bilinmaydi. Ha, fosiqlarning shodligi uzoqqa cho‘zilmaydi, Boshqalar chiqib, ularning o‘rnini oladi. Aybsiz kishini Xudo hech rad qilmaydi, Yovuzlarga esa yordam qo‘lini uzatmaydi. U hali og‘zingni kulgi bilan to‘ldiradi, Lablaringdan esa shodlik sadosini yangratadi. Sendan nafratlanganlar uyatga qoladilar, Fosiqlarning chodiri vayron bo‘ladi. Ayub javob berib, shunday dedi: “Ha, bilaman, aytganlaringning hammasi to‘g‘ri, Lekin qanday qilib inson Xudoning nazarida haq bo‘la oladi? Agar biror inson Xudo bilan bahsga kirishsa, U Xudoning mingta savolidan bittasiga ham javob bera olmasdi. Ha, Xudo dono va qudratlidir, Kim Xudoga qarshi chiqib, Undan ustun bo‘lgan?! Xudo ogohlantirmay tog‘larni ag‘daradi, G‘azab alangasida ularni yiqitadi. Yerni joyidan qo‘zg‘atib, silkitadi, Zamin ustunlarini titratadi. Quyoshga amr bersa, u nur sochmaydi, Yulduzlarning nurini o‘chirishga qodir Xudo U. Uning O‘zi samoni yoygan, Dengiz to‘lqinlarini toptab yuradi. Hulkar yulduzini, Katta ayiq burji va Parvin yulduzlarini, Butun janubdagi yulduz turkumlarini yaratgan Xudodir U. Inson aqli bovar qilmaydigan buyuk ishlar qiladi Xudo, U qilgan mo‘jizalarning son–sanog‘i yo‘qdir. U yonginamdan o‘tib ketsa ham, Men Uni ko‘ra olmayman. O‘z yo‘lida davom etib ketaveradi, Uning o‘tganini payqamay qolaman. U olib qo‘yaman, desa, kim to‘xtata oladi?! Kim Undan: “Nima qilyapsan?” deb so‘ray oladi?! Xudo O‘z g‘azabini tutib turmaydi, Hatto maxluq Rahob yordamchilari Uning oyog‘i ostida qaltiraydi. Men kim bo‘libmanki, Unga javob bera olsam, U bilan bahslashish uchun kerakli so‘zlar tilimga kelsa?! Aybsiz bo‘lsam ham, Unga javob bera olmagan bo‘lardim, Hakamdan faqat rahm–shafqat tilagan bo‘lardim. Agar Uni chaqirsam, U menga javob bersa ham, Gaplarimga quloq solishiga ishonmayman. Xudo bo‘ron chaqirib, meni ezmoqda, Hech bir sababsiz yaralarimni ko‘paytirmoqda. Nafasimni rostlab olishga ham imkon bermayapti, Yuragimni qayg‘uga to‘ldiryapti. Agar kuch sinalsa, albatta U eng kuchlisi bo‘lib chiqadi. Odillik masalasida esa kim Uni mahkamaga chaqirib keladi?! Gunohsiz bo‘lsam ham, o‘z og‘zim meni aybdor, deb topadi, Aybsiz bo‘lsam ham, o‘z og‘zim meni egri, deb hukm qiladi. Aybsizman, ammo menga baribir, O‘z hayotimdan nafratlanyapman. Eh, hammasi baribir ekan, shuning uchun ham: “U aybsizni ham, fosiqni ham halok qiladi”, deb aytaman. Kulfat kutilmaganda odamga o‘lim keltirsa, Aybsizning boshiga tushgan ofatdan Xudo kuladi. Butun yer yuzi fosiqlar qo‘lida, Xudo hakamlarning ko‘zlarini bog‘lab qo‘ygan. Agar U bog‘lamagan bo‘lsa, Yana kim bog‘lagan bo‘lishi mumkin?! Hayotim chopog‘on kishidan ham tezroq o‘tib ketadi. Shunchalik tezki, hech farog‘at ko‘rmay o‘tib ketaman. Umrim tez suzadigan qayiqlarday ko‘zga ko‘rinmay ketadi, O‘z o‘ljasiga tashlangan burgutday tezdir. “Endi hech nolimayman, Qayg‘uli chehram yorishsin, Xursand bo‘lay”, degim keladi, Lekin yanada ko‘proq keladigan g‘am–alamdan qo‘rqaman. Axir, Sen meni aybsiz hisoblamaysan. Modomiki, aybdor ekanman, Harakat qilishimdan nima foyda bor? Qor suvida cho‘milib, Qo‘llarimni sovun bilan yuvsam–da, Ey Xudo, Sen meni loy chuqurga tashlaysan, Hatto kiyimlarim ham mendan nafratlanadi. Xudo inson emaski, men U bilan bahslashsam, Men bilan da’volashgin, deb Uni chaqirsam. Ikkimiz oramizda hakam yo‘qki, Bizni ajrim qilsa. Hakam bo‘lganda, Xudoning tayog‘ini ustimdan olib tashlagan bo‘lardi, O‘shanda Xudo meni boshqa dahshatga solmasdi. Qo‘rqmasdan Unga gapira olgan bo‘lardim, Lekin hozirgi ahvolimda unday qilolmayman. Hayotdan to‘ydim! Evoh, endi bemalol shikoyat qilishdan, Alam–hasrat bilan gapirishdan o‘zimni tiymayman. Xudoga shunday deyman: “Meni hukm qilavermasdan, Menga qarshi bo‘lgan da’volaringni ayt. Meni ezishdan Senga biror foyda bormi o‘zi? Fosiqlarga shodlik bilan farovonlik beryapsan–u, Nima uchun meni — O‘z qo‘llaring ijodini rad etyapsan?! Sening insonnikiga o‘xshash ko‘zlaring bormi?! Sening dunyoqarashing insonlarniki bilan birmi?! Umring inson umriday qisqami?! Yillaring inson hayoti yillariday emas–ku! Nima uchun mendan ayb qidirasan, Gunoh topishga harakat qilasan? Axir, O‘zing bilasan, men aybsizman, Hech kim meni Sening qo‘lingdan qutqara olmaydi. Axir, qo‘llaring bilan meni O‘zing yasagansan, O‘zing meni yaratgansan, Endi esa meni butunlay halok qilmoqchisan. Sen meni loydan bunyod qilganingni eslagin. Endi meni yana tuproqqa qaytarmoqchimisan?! Meni sutday quyib, Pishloqday qotirgan O‘zing–ku. Sen O‘zing meni etu teri bilan qoplab, Menga suyagu paylar ato qilding. Sen menga hayot bag‘ishlab, sadoqatli sevgingni ko‘rsatding. O‘zing g‘amxo‘rlik qilib, hayotimni saqlading. Lekin yuragingda boshqa bir niyat bor edi. Sening o‘y–xayollaringni bilaman: Gunoh qilsam, meni kuzatib turgan bo‘lasan, Aybimni jazosiz qoldirmaysan. Fosiq bo‘lsam, o‘zimdan ko‘ray! Ammo aybsiz bo‘lsam ham, Shunchalik uyatga qoldimki, Shunchalik qayg‘uga botdimki, Boshimni ko‘tara olmayapman. Boshimni ko‘tarsam, sherday meni poylaysan, O‘z buyuk qudratingni menga qarshi ishlatasan. Menga qarshi yangi guvohlar chaqiraverasan. Menga bo‘lgan g‘azabing yanada oshib boraveradi, Ustimga yana yangi qo‘shinlar bostirib kelaveradilar. Evoh, nima uchun meni bu dunyoga keltirding? Qaniydi, tug‘ilishim bilanoq, Birov meni ko‘rib ulgurmasdan, O‘lib qo‘ya qolganimda edi. Hech narsa ko‘rmagan bo‘lardim, Onam qornidan to‘g‘ri qabrga borgan bo‘lardim. Hayotim qisqa, kunlarim sanoqli emasmi, axir?! Meni tinch qo‘y, ozgina bo‘lsa ham, xursand bo‘lay. Hech kim qaytib kelmaydigan zulmat yurtiga, Tim qorong‘i yerga borishimdan oldin ozgina quvonay. Tun yarmidagi zulmatday qorong‘i bo‘lgan yurtga ketaman. Qop–qorong‘u, hech bir tartib bo‘lmagan bir joyga, Hatto nuri ham zulmat bo‘lgan yerga ketaman, axir! Keyin namaxlik Zo‘far shunday dedi: “Shuncha ko‘p gap javobsiz qolaveradimi? Ko‘p gapirgan inson oqlanar ekanmi? Bekorchi gaplaring boshqalarning ovozini o‘chirib qo‘ydimi? Nahotki mazax qilib aytgan gaplaring uchun hech kim seni uyaltirmasa? Sen: “Mening ta’limotim xatosiz, O‘zim ham Xudoning nazarida pokman”, deb aytasan. Qani endi, Xudo gapirsa, Uning O‘zi senga qarshi og‘iz ochsa edi. Qani endi, U senga donolikning sirlarini bildirsa edi. Axir, haqiqiy donolik ko‘p qirrali–ku! Bilib qo‘y, Xudo seni o‘z gunohlaringga yarasha jazolagani yo‘q, Jazoni ancha kam beryapti. Xo‘sh, Xudoning sirlarini anglay olasanmi?! Qodir Xudoning kamolotini bila olasanmi?! Xudoning donoligi osmondan ham yuksakdir, Sen nima qila olarding?! Xudoning donoligi o‘liklar diyoridan ham chuqurroqdir, Sen nimani bila olarding?! Uning o‘lchami yer tevaragidan ham uzunroq, Dengizdan ham kengroqdir. Xudo kelib, seni qamoqqa tashlasa, Yoki hammani hukmga yig‘sa, Kim Uni to‘xtata olardi? Albatta U yolg‘onchilarni biladi, Yovuzlikni ko‘rganda, e’tiborga oladi–ku! Asov eshakdan odam tug‘ilmaganday, Nodon ham donolikka erisha olmaydi. O‘z yuragingni Xudoga bag‘ishla, Ibodat qilib, qo‘llaringni U tomon cho‘zgin. Qo‘llaring gunohdan bulg‘angan bo‘lsa, poklagin, Chodiringda yovuzlikka joy bermagin. Shunda sen uyalmasdan boshingni tik ko‘tarib yurasan. Qo‘rquvdan holi bo‘lib, barqaror turasan. Qayg‘ularingni esdan chiqarasan, Ular oqib ketgan suvlarday bo‘lib qoladi. Hayoting kunduzgi nurday yorug‘ bo‘ladi, Har qanday zulmat tongday bo‘lib qoladi. Umiding borligi uchun, ishonching komil bo‘ladi, Atrofingda himoyang bo‘lib, tinchlikda orom olasan. Yotganingda hech kimdan qo‘rqmaydigan bo‘lasan, Hamma sendan marhamat istab keladi. Fosiqlarning ko‘z nuri so‘nadi, Ular qochishga yo‘l topolmaydilar, O‘lib qutulamiz, deb umid qiladilar. Ayub shunday deb javob berdi: “Ha, sizlar hammaning o‘rniga gapirasizlar, to‘g‘rimi? O‘lsangiz, donolik ham siz bilan birga o‘lsa kerak–a?! Men ham bir–ikkita narsa bilaman, Sizlar mendan ustun emassizlar. Sizlar aytayotganlarni kim ham bilmas ekan?! Men Xudoga iltijolar qilyapman. Uning javob berishini kutyapman. Do‘stlarim esa ustimdan kulaveradilar. Solih va aybsiz bo‘lsam ham, hammaga mazax bo‘lib qoldim. Betashvish yurganlar kulfatga takabburlik bilan qaraydilar. Falokatni qoqilayotganlarning taqdiri, deb biladilar. O‘g‘rilarning chodirida ham tinchlik hukmron, Xudoning g‘azabini keltiradiganlar ham xavf–xatarsiz yuribdi. Go‘yo ular “gah” desa, Xudo qo‘liga qo‘nadi! Mana, hayvonlardan so‘ranglar, Ular sizlarga o‘rgatadilar. Osmondagi qushlardan so‘ranglar, Ular sizlarga aytib beradilar. Yerdan so‘ranglar, u sizlarga yo‘l–yo‘riq ko‘rsatadi. Dengizdagi baliqlar sizlarga tushuntiradilar. Mana shu jonzotlarning orasida qaysi biri Hammasiga Egamiz sababchi ekanini bilmaydi?! Har bir jonivorning hayotiyu Insonlarning nafasi Uning qo‘lidadir. Og‘iz ovqatning ta’mini biladi. Xuddi shunday qilib, quloq ham eshitgan so‘zlarini sinab ko‘rishi kerak–ku?! Aql–idrok ko‘p yil yashaganlarda, Donolik keksalarda bo‘ladi. Lekin haqiqiy donolik va qudrat Xudodadir. Maslahat va aql–idrok Unga tegishlidir. Agar Xudo nimanidir buzsa, qayta qurib bo‘lmaydi, Agar U qamab qo‘ysa, hech kim qochib keta olmaydi. Agar U yomg‘irni ushlab tursa, yer cho‘lga aylanadi. Suvlarni qo‘yib yuborsa, yer yuzini suv bosadi. Kuch va zafar Xudoga tegishli! Yolg‘onchiyu aldanganlar ham Uning qo‘lida! U maslahatchilarni qip–yalang‘och qilib qo‘yadi, Hakamlarni ham aqldan ozdiradi. Xudo shohlarning ham to‘nlarini yechib tashlaydi. Ularni qul qilib, bellariga arqon bog‘lab qo‘yadi. Ruhoniylarni ham qip–yalang‘och qilib qo‘yadi, Mustahkam o‘rnashganlarni Xudo ag‘darib tashlaydi. Ishonchli maslahatchilarni tildan qoldiradi, Oqsoqollarni esa idrokidan mahrum qiladi. Shahzodalarning ustidan sharmandalik yog‘diradi, Kuchlilarning qurol–aslahalarini tortib oladi. Xudo zulmatning eng yashirin joylarini ochadi, Tim qorong‘iliklarni ham yoritadi. Xalqlarni yuksaltiradi–yu, yana O‘zi ularni halokatga duchor qiladi, Xalqlarni ko‘paytiradi–da, keyin ularni tarqatib yuboradi. Yer yuzidagi yo‘lboshchilarni aql–zakovatdan mahrum qiladi, Ularni so‘qmoqsiz cho‘llarda sargardon qilib qo‘yadi. Nursiz bir qorong‘ilikda ular paypaslanib yuradilar. Xudo ularni mast odamday qilib qo‘yadi, Ular dovdirab yuradigan bo‘lib qoladilar.” “Bularning hammasini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman. O‘z qulog‘im bilan eshitib, anglab olganman. Sizlar bilganlarni men ham bilaman, Sizlar mendan ustun emassizlar. Qani endi, Qodir Xudo bilan gaplasha olsam! Xudoga o‘z da’voimni bildirishni xohlayman. Sizlar esa yolg‘onlar to‘qiysizlar, Hech foyda keltirmaydigan shifokordaysizlar. Qaniydi, jim o‘tirsangiz, Ana o‘shanda dono ish qilgan bo‘lardingiz. Endi mening arzimga quloq solinglar, Shikoyatlarimga diqqat qilinglar. Yolg‘on so‘zlaringiz, nohaq gaplaringiz bilan Xudoni himoya qilyapmiz, deb o‘ylayapsizlarmi?! Xudoning tarafini olib, Unga yon bosasizlarmi?! Sizlar Xudoning da’vosini himoya qilasizmi?! Qilayotganlaringizni U tekshirib ko‘rsa, yaxshi bo‘ladimi? Yoki insonni aldaganday Uni ham aldaysizlarmi?! Agar hatto xayolingizda ham tarafkashlik qilsangiz, U sizlarga albatta tanbeh beradi. Uning ulug‘vorligi yuragingizga vahima solmaydimi?! Undan qo‘rqib, dahshatga tushmaysizmi?! Sizlarning gapingiz kulday foydasiz, Himoyangiz loy idishday kuchsizdir. Endi jim bo‘linglar! Men gapiray. Mayli, keyin nima bo‘lsa, bo‘lsin. Jonimni xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham, Ichimdagilarni aytaman. Mayli, U meni o‘ldirsin. Boshqa umidim yo‘q–ku! O‘z ishlarimni Uning oldida himoya qilaman. Uning oldiga borishga jur’at qilganim mening najotim bo‘ladi, Axir, hech bir Xudosiz odam Xudoning oldiga bora olmaydi–ku! Mening so‘zlarimga quloq solinglar, Gaplarim quloqlaringizga kirsin. Men o‘z arzimni tayyorlab qo‘ydim, Bilaman, aybsizligim isbot bo‘ladi. Xo‘sh, kim men bilan bahslashadi? Agar meni aybdor, deb topsangiz, Ovozimni o‘chiraman–u o‘laman. Sendan ikki narsa so‘rayman, ey, Xudo, Shuni qilsang yuzimni Sendan yashirmayman. Endi qiynoqlaringni bas qilgin, Vahimang bilan meni qo‘rquvga solma. Shundan keyin meni chaqir, javob beraman, Yoki men gapiray, Sen esa menga javob ber. Mening qancha gunohu ayblarim bor ekan? Itoatsizliklarimni, gunohlarimni bildirgin menga. Nima uchun mendan yuz o‘girasan, Meni, O‘z dushmaning, deb hisoblaysan? U yoqdan–bu yoqqa uchib yurgan bargni qo‘rqitasanmi, Quruq somonni ta’qib qilasanmi? Menga qarshi achchiq ayblar keltiryapsan, Yoshligimdagi gunohlarimni eslatyapsan. Oyoqlarimni kishanlab, Yurgan yo‘llarimni poylaysan, Hatto har bir qadamimni o‘lchaysan. Evoh, inson chirik narsaday, Kuya yegan kiyimday yo‘q bo‘lib ketadi.” “Ayol zotidan tug‘ilgan insonning Umri qisqa, hayoti qayg‘uga to‘la bo‘ladi. U gul singari ochiladi–yu, yana so‘lib qoladi. Soyaday tez o‘tib ketadi, ko‘pga chidamaydi. Ey Xudo! Shunday insonga nazar tashlaysanmi? Meni hukm qilish uchun O‘z oldingga olib kelasanmi? Kim halolni harom ichidan chiqara oladi?! Hech kim. Sen inson hayotining kunlarini sanab qo‘ygansan, Necha oy yashashini ham bilasan. Inson Sen belgilagan chegaralardan o‘tolmaydi. Uni tinch qo‘y, dam olsin. Mardikorlarga o‘xshab, kunlik ishini tinchgina bitirsin. Hatto daraxtning ham umidi bor, Agar u kesib tashlansa, yana o‘saveradi, Daraxtning novdalari o‘sishdan to‘xtamaydi. Uning ildizlari qarib, To‘nkasi chiriy boshlasa, Hatto suvning hidini sezsa ham yana yashnashi mumkin. Navnihol ko‘chatday yana novdalari ko‘karishi mumkin. Lekin inson o‘lganda bor kuchidan ayriladi, Oxirgi nafasini chiqaradi–yu, yo‘q bo‘lib ketadi! Suv dengizdan bug‘lanib chiqib ketganday Daryo qurib, yo‘q bo‘lib ketganday, Inson ham yotadi–yu, qaytib turmaydi. Osmon yo‘q bo‘lmaguncha, u uyg‘onmaydi. O‘lim uyqusidan uni hech kim turg‘iza olmaydi. Ey Xudo, qani endi, meni o‘liklar diyoriga yuborsang, G‘azabing bosilguncha meni yashirib qo‘ysang, Men uchun bir vaqt tayinlab, keyin meni yodga olsang. Inson o‘lsa, u yana tiriladimi? Agar shunday bo‘lsa, ozod bo‘lgunimcha Barcha qiyinchiliklarga chidab berardim. Meni chaqirsang, Senga javob bergan bo‘lardim. Menga, O‘z qo‘ling bilan yaratganga muntazir bo‘larding. Shunda Sen qadamlarimni o‘lcharding–u, Gunohlarimni hisobga olmasding. Ayblarimni xurjunga solib, bog‘lab qo‘yganday bo‘larding. Fosiqligimni o‘chirib, ustidan oqlab tashlaganday bo‘larding. Ammo tog‘lar qulab, maydalanib ketadi, Qoyalar o‘z joyidan suriladi, Suv toshlarni yemiradi, Toshqin suvlar yerni yuvib ketadi. Xuddi shu singari Sen ham Insonning umidini yo‘qqa chiqarasan. Sen insonni butunlay mag‘lub qilasan, Inson olamdan o‘tib ketadi. O‘lganda yuzini o‘zgartirib, jo‘natib yuborasan. Farzandlari hurmatga sazovor bo‘lsalar ham, Pastga urilsalar ham u bilmaydi. Inson faqat o‘z tanasidagi og‘riqni sezadi, Faqat o‘zi uchun qayg‘uradi.” Keyin temonlik Elifaz shunday dedi: “Dono kishi shunday behuda so‘zlar bilan javob bermagan bo‘lardi! Og‘zini quruq gaplar bilan to‘ldirmas edi! Befoyda so‘zlar aytib bahslashmagan bo‘lardi! Quruq gaplar aytmas edi! Sen Xudodan qo‘rqmay qo‘yding! Toat–ibodatga to‘sqinlik qilyapsan. Gunohlaring senga gap o‘rgatyapti, Xuddi ayyorlarday gapiryapsan. Men emas, o‘z og‘zing seni hukm qilyapti, O‘z lablaring senga qarshi guvohlik beryapti. Nima, sen odamzodning to‘ng‘ichimisan?! Qirlar yaratilmasdan oldin tug‘ilganmisan?! Xudoning kengashida qatnashganmisan?! Nima, faqatgina o‘zingni dono, deb bilasanmi?! Xo‘sh, biz bilmagan nimani bilasan? Biz tushunmaganlarni sen tushunasanmi? Ha, oqsoqollar, keksalar, Otangdan ham yoshi ulug‘roq bo‘lganlar biz tomonda. Xudoning tasallisi senga kamlik qilyaptimi?! Muloyimlik bilan aytgan so‘zi senga yetmayaptimi?! Nima uchun yuragingning amriga qarab ish tutasan? Nima uchun ko‘zlaringni chaqchaytirasan? Nima uchun sen Xudo bilan teskarisan? Nimaga og‘zingdan shunday so‘zlar chiqyapti? Inson o‘zi nimaki, pok bo‘la olsa?! Ayol zotidan tug‘ilgan inson qanday qilib solih bo‘la oladi?! Xudo hatto O‘z farishtalariga ham ishonmaydi, Hatto samo ham Uning nazarida pok emas. Shunday ekan, qabih va buzuq inson qanchalik tuban, Axir, inson yovuzlikni suvday ichib yuboradi–ku! Quloq sol, men senga tushuntiraman, Ko‘rganimni aytib beraman. Senga donishmandlarning gaplarini aytaman. Ular ajdodlaridan o‘rganib, yashirmasdan aytganlarini so‘zlab beraman. Faqat o‘sha dono insonlarga yurt berilgan edi, Ularning orasida begonalar yo‘q edi. Fosiqlarning butun umri og‘riq bilan o‘tadi, Zo‘ravonlarga berilgan barcha yillar sanoqlidir. Dahshatli tovushlar quloqlariga tinchlik bermaydi. Farovonlik chog‘ida ham ularning ustiga bosqinchi bostirib keladi. Fosiqlar zulmatdan qochib qutulishga umid qilmaydilar, Ularning peshanasiga qilichdan o‘lish yozilgan. Ular non izlab daydib yuradilar, Zulmat kuni yaqinligini biladilar. Qo‘rquv va qayg‘u ularni dahshatga soladi, Urushga tayyorlanayotgan shohday, vahimada yashaydilar. Ular qo‘llarini Xudoga qarshi ko‘targani, Qodir Xudoga bo‘ysunmaganlari uchun shunday bo‘ladi. Mustahkam qalqonlarini ko‘tarib, O‘jarlik bilan Unga qarshi chiqadilar. Chunki ular semirib, yuzlari yiltirab ketgan, Qorniyu bellarini yog‘ bog‘lab ketgan. Ular vayrona shaharlarda yashaydilar. Qulab tushay deb turgan, Hech kim yashamaydigan uylarda turadilar. Ular boyligicha qolavermaydilar, boyliklari abadiy emas. Mol–dunyosi yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi. Ular zulmatdan qochib qutula olmaydilar. Ha, ular shoxlari yongan daraxtga o‘xshaydilar. Xudoning nafasi ularni uchirib yuboradi. Behuda narsalarga umid bog‘lab, o‘zlarini aldamasinlar, Ularning mukofoti o‘sha behuda narsalar bo‘ladi. Vaqti–soati yetmay turib, ular to‘liq jazo oladilar, Novdalari gullab–yashnamaydi. Uzumlari pishmay turib uzib olingan tokday, Gullari to‘kilib, meva tugmagan zaytun daraxtiday bo‘lib qoladilar. Betavfiqlar to‘dasi biror avlod qoldirmay o‘tib ketadi, Poraxo‘rlarning chodirlarini olov yondirib yuboradi. Fosiqlar buzuqlikka homilador bo‘lib, yovuzlik tug‘adilar, Yuraklarida faqat yolg‘on tug‘iladi. Ayub shunday javob berdi: “Men bunday narsalarni ko‘p eshitganman, Qanday noshud yupatuvchisizlar–a! Bu behuda gaplarning oxiri bormi o‘zi?! Shunday gapirishga sizlarni nima undaydi?! Agar sizlar mening o‘rnimda bo‘lganingizda edi, Men ham sizlarday gapirsam bo‘lardi. Boshimni chayqab, Sizlarga qarshi chiroyli so‘zlar aytsam bo‘lardi. Ammo men so‘zlarim bilan sizlarga dalda bergan bo‘lardim. Gaplarim bilan dardingizni yengillashtirardim. Hozir esa, gapirsam ham dardim yengillashmaydi, Gapirmasam ham azoblarim kamaymaydi. Ey, Xudo, Sen meni ezib yubording, Butun oilamni vayron qilding. Yuzimni ajinlar bilan to‘ldirib tashlading. Bular menga qarshi guvoh bo‘ladi. Ozg‘inligim ham ko‘zga tashlanib, Menga qarshi guvohlik beradi. Xudo g‘azab bilan ortimdan quvib, Meni ezib tashladi. Tishlarini g‘ichirlatib, Ko‘zlari bilan teshadi. Meni ko‘rib, odamlarning og‘zilari ochilib qoldi, Ular meni mazax qilib, yuzimga urdilar. To‘dalashib, menga qarshi chiqish uchun yig‘ildilar. Xudo meni betavfiqlar ixtiyoriga tashladi, Fosiqlarning qo‘liga berib qo‘ydi. Men tinchgina yashayotgan edim, U meni parchalab tashladi, Bo‘ynimdan ushlab, meni ezdi. Keyin esa Xudo meni nishon qilib, O‘z kamonlari bilan o‘rab oldi. Rahm–shafqat qilmay, O‘qlari bilan meni ilma–teshik qilib tashladi. Ichak–chovoqlarim yerga to‘kildi. Xudo qayta–qayta menga hujum qildi, Mening ustimga jangchiday bostirib keldi. Qayg‘u–alamdan qanorga burkandim, Qanor xuddi terimga qo‘shib to‘qilganday bo‘lib qoldi, G‘ururim poymol bo‘ldi. Nolayu faryoddan yuzim qizarib, Qovoqlarim qorayib ketgan. Lekin qo‘llarim yovuzlikdan uzoq, Ibodatlarim pokdir. Ey tuproq, mening qonimni yashirma, Mening faryodim yo‘qolib ketmasin. Mana, hozir mening guvohim samodadir, Mening himoyachim yuksakda o‘tiribdi. Do‘stlarim meni mazax qilyapti, Men esa Xudo oldida ko‘z yosh to‘kaman. Qani endi birontasi O‘z yaqini uchun Xudoga iltijo qilganday, Men uchun ham Xudoga yolvorsa. Chunki men ko‘p vaqt o‘tmay Borsa kelmas joyga ketaman. Ruhim tushgan, umrim oz qolgan, Qabr meni kutib turibdi. Mazax qiluvchilar atrofimni o‘rab olgan. Adovatlarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turibman. Ey Xudo, O‘zing meni kafillikka olgin. Axir, yana kim bor meni qo‘llaydigan? Sen do‘stlarimning ongini aql–zakovat uchun yopib qo‘ygansan, Shuning uchun ularning ustun bo‘lishlariga yo‘l bermaysan. Ular o‘z foydasini ko‘zlab, do‘stlariga xiyonat qiladilar. Shundaylarning farzandlari ko‘r bo‘lsin. Xudo meni odamlar orasida kulgi qilib qo‘ydi, Ular yuzimga tupurishadi. Qayg‘udan ko‘zlarim xiralashgan, A’zoi badanim zaiflashib, qoq suyak bo‘lib qolgan. O‘zini pokdil deb bilganlar meni ko‘rib ajablanyaptilar, Ular meni ikkiyuzlamachi deb o‘ylayaptilar. O‘zini aybsiz deb bilganlar mendan g‘azablanyaptilar. Ammo shunga qaramay solih odam o‘z yo‘lida yuraveradi, Qo‘li pok bo‘lgan kuchayib ketaveradi. Qani endi sizlar kelinglar–chi?! Orangizdan birorta dono insonni topa olarmikanman?! Mana kunlarim o‘tib ketdi, Rejalarim ham barbod bo‘ldi, Ko‘nglimdagi orzularim puchga chiqdi. Do‘stlarim tunni kun, deyishadi, Atrofi qop–qorong‘u, Lekin ular, yorug‘lik yaqin, deb turib olishgan. Xo‘sh, agar o‘liklar diyori mening uyim bo‘lsa, To‘shagimni zulmatda yozsam, Qabrga, sen otamsan, desam, Qurt–qumursqalarni, onamsiz, opa–singillarimsiz, desam, Men umidli odam bo‘lamanmi? Meni, umidi bor, deb kim aytadi?! Nahotki o‘liklar diyorida umid bo‘lsa?! Yo‘q, tuproqda yotganimda umid bo‘lmaydi. Shunda shuvaxlik Bildad javob berdi: “Qachongacha valdirayverasan–a?! Gapingni o‘ylab gapirgin, keyin suhbatlashamiz. Nima, bizni mol, deb o‘ylayapsanmi? Yoki bizni go‘l, deb bilyapsanmi? Jahl bilan o‘zingni jarohatlayapsan. Nima endi, seni deb yer yuzi huvullab qolishi kerakmi?! Yoki qoyalar o‘rnidan qo‘zg‘alishi kerakmi?! Fosiqlarning chirog‘i albatta o‘chadi, Olovining uchquni yorug‘lik bermaydi. Chodiridagi yorug‘lik zulmatga aylanadi, Tepasida osilgan chirog‘i o‘chadi. Sobit qadam fosiqlar endi qoqilib yuradi. O‘zlarining rejalari ularni oyog‘idan oladi. O‘z oyoqlari ularni tuzoqqa yetaklaydi, O‘zlari chuqurlikka yiqilib tushadi. Qopqon ularni tovonidan qisib qoladi, To‘r ularni mahkam tutadi. Yerda fosiqlarga ilmoq tashlangan, Ularning yo‘liga tuzoq qo‘yilgan. Har tomondan ularni vahima bosib, Har qadamda ortidan quvib yuradi. Ochlikdan ularning sillalari qurib qoladi, Kulfat ham ularning qoqilishini kutib turadi. Kasallik ularning terisini kemirib bitiradi, O‘lat ularning oyoq–qo‘llarini chiritib yuboradi. Panohlari bo‘lgan chodirlaridan ularni sug‘urib olib, O‘liklar diyori shohining oldiga olib kelishadi. Fosiqlarning chodirlaridan hech narsa qolmaydi, Ular yashagan joy oltingugurt bilan qoplanadi. Ularning ildizlari qurib qoladi, Novdalari ham so‘lib qoladi. Yer yuzidan ularning xotirasi o‘chib ketadi, Ko‘chalarda ulardan nom–nishon ham qolmaydi. Ular yorug‘likdan zulmatga haydaladilar, Ha, bu dunyodan quvib chiqariladilar. Xalqi orasida ulardan avlod–zurriyot qolmaydi, Ular yashagan joylar kimsasiz bo‘lib qoladi. Ularning taqdiridan g‘arbdagilar dahshatga tushadi, Sharqdagilarni esa vahima bosadi. Ha, yovuzlarning maskani shu ahvolga tushib qoladi, Xudosizlarning joyi shunday bo‘lib qoladi. Ayub shunday javob berdi: “Qachongacha meni qiynaysizlar, Gaplaringiz bilan meni ezasizlar? Mana, meni o‘n marta haqoratladingiz! Menga hamla qilaverishdan uyalmaysizlarmi? Agar xato qilganim rost bo‘lsa, Gunohim o‘zimning tashvishim. O‘zingizni mendan ustun qo‘yyapsiz. Mana bu gunohingning dalili, deb Sharmanda bo‘lganimni ko‘rsatyapsiz. Shuni bilinglar, Xudoning O‘zi menga haqsizlik qildi, To‘rlari bilan atrofimni o‘radi. “O‘ldiryapti!” deb baqirsam ham, Menga hech kim javob bermaydi. Faryod qilaman, lekin adolat yo‘qdir. Xudo yo‘limga g‘ov qo‘ygan, o‘tolmayman. Yo‘llarimni zulmat bilan qoplagan. U bor obro‘imni to‘kkan, Boshimdagi tojimni tortib olgan. Menga har tomondan hujum qildi, tamom bo‘ldim, Daraxtni sug‘urganday, umidimni sug‘urib tashladi. Uning g‘azabi menga qarshi qaynaydi, U meni O‘ziga dushman, deb hisoblaydi. Uning qo‘shinlari bostirib keladi. Meni qamal qilish niyatida Chodirim atrofida qarorgoh quradi. Xudo qarindosh–urug‘imni mendan uzoqlashtirdi, Tanishlarim mendan yuz o‘girdilar. Qarindoshlarim meni tark etishdi. Do‘stlarim meni unutishdi. Uyimga kelgan mehmonlar ham, Cho‘rilarim ham menga begonaday qarashadi. Ularning nazarida bir musofirday bo‘lib qoldim. Xizmatkorimni chaqirsam, u javob bermaydi. Unga o‘zim yalinib borishim kerak. Nafasim xotinimga jirkanch bo‘lib qolgan, Qarindosh–urug‘larim mendan nafratlanadi. Hatto yosh bolalar ham mendan hazar qiladi. Oyoqqa tursam, ular meni mazax qiladi. Hamma yaqin do‘stlarim mendan hazar qiladi. Yaxshi ko‘rganlarim ham mendan yuz o‘girdi. Teriyu suyagimdan boshqa hech narsam qolmadi, O‘lishimga bir baxa qoldi. Ey do‘stlarim, menga rahm qilinglar, Axir, meni Xudo urdi–ku! Xudo meni quvg‘in qilganday, Nima uchun sizlar ham meni quvg‘in qilyapsizlar? Meni yeb bitirdingiz–ku! Hali ham to‘ymadingizmi? Qani endi, aytgan so‘zlarim yozib qo‘yilsa! Ular kitobga tushirilsa! Temir qalamu qo‘rg‘oshin bilan Qoyaga abadiy yozib qo‘yilsa! Ammo men bilaman, Mening Xaloskorim hayotdir, Vaqti kelib, U meni himoya qiladi. Terim irib ketgan bo‘lsa ham, Mana shu tanamda Xudoni ko‘raman. Men Uni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘raman, Ha, men ko‘raman, boshqa hech kim emas. Yuragim orziqib ketyapti! Agar sizlar: “Mana endi unga qarshi chiqamiz! Axir, kulfatlarining ildizi o‘zida–ku”, desangiz, O‘zingiz jazodan qo‘rqing. Xudo g‘azabi kelganda qilich bilan jazolaydi, Shunda sizlar hukm borligini bilib olasizlar.” Namaxlik Zo‘far shunday dedi: “Gaplaring meni bezovta qildi, Endi gapirmasam bo‘lmaydi. Tanbehlaring bilan meni haqoratlading, Lekin endi ongim javob ber, deb undayapti. O‘tmishdan bilmaysanmi?! Axir, insonlar yer yuziga joylashtirilgandan beri, Fosiqlarning shodligi uzoqqa cho‘zilmaydi–ku, Betavfiqlarning quvonchi bir lahzalik–ku! Takabburliklari samoga yetsa ham, Boshlari bulutlarga tegsa ham, O‘zlarining axlatiday butunlay yo‘q bo‘lib ketadi. Ularni oldin ko‘rganlar: “Qani endi ular?” deb so‘raydilar. Fosiqlar tushday o‘tib ketadilar, ularni topib bo‘lmaydi. Kechasi ko‘ringan sharpaday g‘oyib bo‘ladilar. Ha, fosiqlarni ko‘rganlar ularni boshqa ko‘rmaydilar, Makonlari endi ularni tanimaydi. Fosiqlarning farzandlari kambag‘allardan muruvvat kutadilar, O‘z qo‘llari bilan tortib olgan boyliklarini qaytarib beradilar. Fosiqlar yosh va kuchli edi, Endi suyaklari tuproqda yotadi. Fosiqlik ularning og‘izlarida shirin tuyuldi, Shuning uchun fosiqlikni Tillarining tagiga solib, so‘rib o‘tiribdilar. Fosiqlikni tashlagisi kelmay, Og‘zilarida ushlab tursalar ham, O‘sha yeganlari qornilarida achchiq bo‘ladi, Ilonlarning zahriga aylanadi. Boyliklarni yutib, qaytib qusadilar, Qornilaridan bo‘lsa ham, Xudo qaytarib olib qo‘yadi. Ular kobra ilonlarning zaharini so‘radilar, Zaharli ilon ularni o‘ldiradi. Endi fosiqlar oqar daryolardan — sut va asal oqadigan irmoqlardan zavq olmaydilar. Zahmat bilan topganlaridan bahramand bo‘lmaydilar. Savdo–sotiq qilib topganlarining gashtini surmaydilar. Axir, fosiqlar kambag‘allarga zulm qilib, Bo‘lganicha bo‘lsin, deb tashlab ketgandilar. O‘zlari qurmagan uylarni kambag‘allardan tortib olgandilar. Ular nafs balosiga uchragan, hech qachon qoniqmaydilar. Orzu–havas qilib yiqqan boyliklari ularni qutqarmaydi. Ular hech narsa qoldirmay, yeb bitirgandi. Shuning uchun farovonligi uzoqqa cho‘zilmaydi. Farovonlik davrida ham ular g‘am–tashvishga to‘ladilar. Ularning boshiga ofatu kulfatlar tushadi. Fosiqlar qorinlarini to‘ydirib bo‘lganlarida, Xudo ularga bor g‘azabini sochadi. Ularning ustiga O‘z zarbalarini yog‘diradi. Fosiqlar temir quroldan qochsalar, Bronza nayza ularni teshib o‘tadi. Nayza ularning tanalaridan sug‘urib olinadi, Ha, yaltiroq nayza ularning jigarlaridan tortib chiqariladi, Ularni vahima qamrab oladi. Ularning xazinalari zulmatda yo‘q bo‘lib ketadi. Inson yoqmagan olov ularni yutib yuboradi, Olov fosiqlarning chodiriyu undagi bor narsasini yo‘q qiladi. Samo ularning aybini ko‘rsatadi, Yer ularga qarshi guvohlik beradi. Xudoning g‘azabi kelgan kuni Uyidagilarni sel oqizib ketadi. Xudo fosiqlarga bergan ulush ana shulardir, Xudoning ularga tayinlagan nasibasi mana shudir.” Ayub shunday deb javob berdi: “So‘zlarimga yaxshilab quloq soling, Mana shu sizlarning menga bergan tasallingiz bo‘ladi. Sabr qiling, men ham gapiray, Gapirib bo‘lganimdan keyin, mazax qilavering. Men insonlarga emas, Xudoga arz qilyapman–ku. Shuning uchun sabrim chidamayapti–da. Mana, menga qarang–da, hayratlanib qoling, Og‘izlaringizni qo‘llaringiz bilan yoping. Boshimga tushgan kulfatlar haqida o‘ylasam, vahimaga tushaman, Tanamni qaltiroq bosadi. Nima uchun fosiqlarning umrlari uzilmay, davom etaveradi? Ular keksa yoshga yetadilar, kuchlari oshib ketaveradi? Farzandlari o‘sib, o‘z joyini topganini ko‘radi, Nevaralarini ham ko‘rishga muyassar bo‘ladi. Uylari xavf–xatarsiz bo‘ladi, Xudoning tayog‘i ularning boshiga tushmaydi. Buqalari hech bir qiyinchiliksiz ko‘payaveradi, Sigirlari bolalaydi, hech qachon bolasi tushib qolmaydi. Fosiqlarning bolalari qo‘zilarga o‘xshab sakraydilar, Farzandlari o‘ynab–kulib yuraveradilar. Childirma va lira sadosiga qo‘shiq kuylaydilar, Nay sadosiga o‘yin–kulgi qiladilar. Umrlari farovonlikda o‘tadi, O‘liklar diyoriga tinchgina ketadilar. Xudoga shunday deydilar: “Bizni tinch qo‘y! Sening yo‘llaringni bilishni xohlamaymiz. Qodir Xudo kim bo‘libdiki, Unga xizmat qilsak, Unga iltijo qilsak, bizga nima foyda tegardi?!” Ammo fosiqlarning farovonligi o‘z qo‘lining ishi emas–ku! Fosiqlarning o‘y–xayollaridan men jirkanaman. Fosiqlarning chirog‘i biron marta bo‘lsa ham o‘chdimi? Boshiga tez–tez kulfat tushib turibdimi? Xudo O‘z g‘azabida ularga qiynoq beryaptimi? Qachon ular shamolda to‘zigan xashakday, Bo‘ron uchirib ketgan somonday bo‘ladilar? Sen: “Xudo insonlarning gunohlari uchun ularning farzandlarini jazolaydi”, — deysan. Men esa gunohkorlarning o‘zi jazolansin, deyman. Mana shu ularga saboq bo‘ladi. Gunohkorlar o‘z ko‘zlari bilan halokatlarini ko‘rsinlar. O‘zlari Qodir Xudoning g‘azabi sharobini ichsinlar. Zotan, ular o‘lganidan keyin oilasiga nima bo‘lishini o‘ylamaydilar ham! Kim Xudoga saboq bera oladi, Axir, U hatto samoviy zotlarni hukm qiladi–ku! Mana, bir odam to‘liq farovonlikda, Tinch va xotirjam olamdan ko‘z yumadi. Uning beli baquvvat, Suyaklari ilikka to‘la. Ikkinchi bir odam esa ruhi tushkun holda, Hech qachon yaxshilik ko‘rmay o‘lib ketadi. Ikkovi ham tuproqda birday yotadi, Ularni qurtlar qoplaydi. Eh, do‘stlarim, niyatlaringizni bilaman, Maqsadlaringiz ham menga ayon. Sizlar: “Qani zolim amaldorning uyi? Fosiqlarning chodiri qayerda?” deb so‘raysizlar. Ko‘p joylarga borib kelganlardan so‘ranglar. Ular aytganlarini inkor qila olmaysiz! Kulfat kunida fosiqlar najot topishlarini, Xudoning g‘azabi kunida qutqarilishlarini ular aytadilar–ku! Fosiqlarning qilmishlarini kim ularning yuziga soladi? Qilmishlari uchun kim ularni jazolaydi? Jasadlari qabrga olib borilganda, Qabr boshiga soqchi qo‘yiladi. Son–sanoqsiz odamlar ketlaridan borib, Ularga aza tutadi. Hatto tuproq ham ularning ustiga sekin tushadi. Qanday qilib meni puch so‘zlaringiz bilan yupata olasiz? Barcha bergan javoblaringiz yolg‘ondir! Temonlik Elifaz shunday dedi: “Inson Xudoga qanday foyda keltiradi?! Dono inson Uning uchun birorta foydali ish qila oladimi?! Solih bo‘lsang bu Qodir Xudoga qanday zavq keltiradi?! Yurgan yo‘llaring pok bo‘lsa, Unga qanday foyda?! U senga xudojo‘yliging uchun tanbeh beradimi?! Buning uchun seni hukm qiladimi?! Axir, fosiqliging qanchalar og‘ir?! Gunohingning cheki yo‘q–ku! Yaqinlaringdan hech bir sababsiz garov olding, Kambag‘allardan kiyimini yechib olib, yalang‘och qoldirding. Chanqaganlarga suv bermading. Qorni ochlardan noningni qizg‘anding. Ha, qudratlilar yurtga egalik qiladilar, Obro‘lilar u yerda yashaydilar. Bevalarni quruq qo‘l bilan orqaga qaytarding, Yetimlarga yordam qo‘lini cho‘zmading. Shuning uchun atrofing tuzoqlar bilan o‘ralgan. To‘satdan seni vahima bosgan. Atrofingni zulmat qamrab olgan, Ko‘zlaring hech narsani ko‘rmayapti, Suv toshqinlari seni ko‘mib ketgan. Yuksakdagi baland yulduzlarga qara. Ammo Xudo samo cho‘qqisida–ku! Shunda ham sen: “Xudo nimani bilardi, Zulmat orasidan U qanday hukm qila olardi”, deysan. “Quyuq bulutlar Uni yashirgan, U bizni ko‘rmaydi, Xudo samo gumbazi uzra aylanib yuribdi–ku”, deb aytasan. Sen fosiqlar yurgan Azaliy yo‘ldan yuraverasanmi? Ular hayotdan bevaqt mahrum bo‘ldilar, Umr poydevorlarini sel yuvib ketdi. Fosiqlar Xudoga shunday dedilar: “Bizni tinch qo‘ygin. Ey Qodir Xudo, bizga nima qila olarding?” Ammo ularga baraka berib, uylarini to‘ldirgan Xudo–ku! Fosiqlarning o‘y–xayollaridan men jirkanaman. Solihlar fosiqlarning ahvolini ko‘rib, xursand bo‘ladilar, Aybsizlar fosiqlarni mazax qilib kuladilar. Ular: “Dushmanlarimiz yo‘q qilindi, Bitta qolmay olovda yonib ketdilar”, deb aytadilar. Xudo bilan tortishaverma! U bilan yarashgin, Shunda farog‘atda yashaysan. Xudoning og‘zidan chiqqan o‘gitlariga quloq tut, So‘zlarini yuragingda saqla. Qodir Xudoga yuz bursang, sog‘ligu boyliging qayta tiklanadi. Chodiringni fosiqlikdan tozalasang, Oltinni chang deb bilib, Ofir tillasini daryoga otsang, Qodir Xudoning O‘zi sening xazinang bo‘ladi. U sening qimmatbaho kumushing bo‘ladi. Shunda Qodir Xudodan zavq topasan, Xudoga yuz burasan. Sen Unga iltijo qilasan, U esa senga quloq tutadi. Unga bergan va’dalaringni bajarasan. Nima niyat qilsang, hammasi amalga oshadi, Hayot so‘qmoqlaring nurga to‘ladi. Agar sharmanda bo‘lgan odam uchun Xudoga iltijo qilsang, Xudo o‘sha odamni sharmandalikdan qutqaradi. Sening pok qo‘llaring tufayli Hatto aybdorlar ham najot topadi.” Shunda Ayub yana gapirdi: “Bugun ham achchiq shikoyat qilaman, Oh–vohdan o‘zimni tuta olmayman. Qaniydi, Xudoni qayerdan topishni bilsam, Taxti oldiga borgan bo‘lardim! Uning oldiga barcha arzlarimni yoyib, O‘z da’volarimni aytgan bo‘lardim. O‘shanda Uning javobini tinglagan bo‘lardim, Uning menga aytganlarini tushungan bo‘lardim. U buyuk qudrati bilan menga qarshi chiqarmidi? Yo‘q, U menga quloq tutgan bo‘lardi. Ha, solih inson Unga kelib, arzini ayta oladi. O‘z Hakamim meni bir umrga oqlaydi. Sharqqa borsam, Xudo yo‘qdir, G‘arbga borib ham Uni topolmayman. Shimolda biror ish qilsa, men Uni ko‘rolmayman, Janub tomon burilsa ham Uni topolmayman. U esa mening yurgan yo‘limni biladi, U meni sinagandan keyin sof tilladay bo‘laman. Men faqat Xudoning yo‘lidan yurdim, Uning yo‘lini tutdim, chetga og‘madim. U bergan amrlardan chetga chiqmadim, Kundalik rizqimdan ham ko‘ra Uning so‘zlarini qimmatli bildim. Xudo qarorida qat’iy turadi, Kim Uning fikrini o‘zgartira oladi?! U nima xohlasa, shuni qiladi. Menga qarshi tuzgan rejalarini U oxirigacha bajaradi, Uning bunday rejalari hali ko‘p. Shuning uchun Uning huzurida qo‘rquvga tushaman, Bu haqda o‘ylasam, meni vahima bosadi. Xudo meni jur’atsiz qilib qo‘ydi, Qodir Xudo meni dahshatga solib qo‘ydi. Ammo yuzimni qoplagan tim qorong‘ilik, Zulmat mening ovozimni o‘chira olmadi. Nima uchun Qodir Xudo hukm vaqtini belgilamaydi? Nima uchun Xudoni bilganlar bekorga Uni kutadilar? Fosiqlar chegaralarni buzadilar, O‘g‘irlangan podalarni yaylovlarda boqadilar. Yetimlarning eshaklarini haydab ketadilar. Bevaning ho‘kizini kafillik sifatida olib qo‘yadilar. Kambag‘allarni yo‘ldan chetga chiqarib tashlaydilar. Qashshoqlarni yashirinishga majbur qiladilar. Qashshoqlar yovvoyi eshaklarday cho‘lda ovqat izlashadi, Ularning farzandlari uchun dashtdan boshqa yerda ovqat yo‘q. Begonalarning dalalarida somon yig‘ishadi, Fosiqlarning uzumzorlarida qolgan–qutganini terishadi. Tunni kiyim–kechaksiz, yalang‘och o‘tkazadi, Sovuqda ularning yopinadigan narsasi yo‘q. Tog‘ yomg‘irlari ularni shalabbo qiladi, Boshpanalari yo‘qligidan ular Qoyaning oldida qaltiraydilar. Fosiqlar bevaning farzandini Onasining quchog‘idan yulib oladi, Kambag‘alning chaqalog‘ini kafillik qilib oladi. Kiyimlari yo‘qligidan kambag‘allar yalang‘och yurishadi. Bug‘doy bog‘lamlarini ko‘tarib yursalar–da, qorinlari och qoladi. Qator–qator zaytun daraxtlari orasida Zaytunlarni ezib moy chiqaradilar. Uzum ezib sharob qiladilar, Ammo chanqoqlari bosilmaydi. Shaharda jon berayotganlarning nolalari eshitiladi, Jarohatlanganlar madad so‘rab faryod qiladi. Shunda ham Xudo hech kimni bu haqsizlik uchun javobgar tutmaydi. Nurga qarshi bosh ko‘targanlar bor. Ular nur yo‘lidan yurmaydilar, Nur yo‘li olib boradigan joylarga bormaydilar. Qotil erta tongda turadi, Kambag‘alu bechorani o‘ldiradi, Kechasi esa o‘g‘irlik qiladi. Zinokor kech bo‘lishini kutadi, “O‘shanda meni hech kim ko‘rmaydi”, deb o‘ylaydi. Niqob bilan yuzini berkitadi. O‘g‘rilar kechasi uylarni talab, Kunduz kuni yashirinadi. Ular nur nimaligini bilmaydi. Barcha o‘g‘rilarning tongi zulmatdir. Ha, zulmat dahshatlari ularning do‘stidir. Ammo o‘sha fosiqlar daryo suvlari ustidagi ko‘pikday o‘tkinchidir. Ularning yerlari la’natlangan, Ularning uzumzorlariga hech kim qadam bosmaydi. Issiq havo va qurg‘oqchilik qorni eritib yo‘q qilganday, O‘liklar diyori ham gunohkorni o‘z og‘ushiga oladi. Qurtlar esa uni maza qilib yeyishadi. Gunohkorni hatto o‘z onasi unutadi, Hech kim uni esga olmaydi. Fosiqlar daraxtlarday sindirib tashlanadi. Fosiqlar farzandsiz ayolga zulm o‘tkazadi, Bevalarga mehr–shafqat ko‘rsatmaydi. Ammo Xudo O‘z qudrati bilan kuchlilarni halok qiladi. Ular baland ko‘tarilishi mumkin, Ammo ularning hayoti uchun kafolat yo‘q. Ular osoyishta yashashlariga Xudo yo‘l qo‘yadi, Ammo O‘zi ularning yo‘llarini doim kuzatib turadi. Hozircha ular buyuk bo‘lsa ham, keyinroq yo‘q bo‘ladi. Ular pastga uriladi, xuddi boshqalarday o‘lib ketadi. Don boshoqlariday qurib qoladi. Qani, kim gaplarimni yolg‘on, deb ayta oladi? Kim mening gaplarimni puchga chiqara biladi? Shunda shuvaxlik Bildad dedi: “Xudo haybatli hukmrondir! Samolarda U tinchlik o‘rnatadi. Uning lashkarlarini kim sanay oladi?! Axir, Uning nuri butun yer yuzini yoritadi–ku! Shunday ekan, inson zoti qanday qilib Xudo oldida solihlikka da’vo qila oladi?! Ayoldan tug‘ilganlar qanday qilib pok bo‘la oladi?! Xudoning nazarida hatto oy ham yorug‘mas, Yulduzlar ham pok emas. Shunday ekan, inson kim bo‘libdi?! Axir, u bir qurt–ku, Odamzod bir pashshaday–ku!” Ayub shunday deb javob berdi: “Ojizga bergan yordaming shumi? Kuchsizga shunday madad kerakmi?! Aqlsizga ja o‘rgatib qo‘yding–a! Bergan maslahatlaring biram ma’noliki! Kim o‘rgatdi o‘zi senga bu dono gaplarni?! Sen orqali kimning ruhi gapirgan o‘zi?! Suvlar ostidagi o‘liklar diyorida Marhumlarning ruhi qaltiraydi. Xudoning oldida o‘liklar diyori ochiqdir, Halokat diyorining ham yopinchig‘i yo‘q. Xudo bo‘shliq ustiga samoni yoydi, Yerni esa bo‘shliqqa osib qo‘ydi. Xudo bulutlarni yomg‘ir suviga to‘ldiradi, Bulutlar esa suvning og‘irligidan yirtilib ketmaydi. Xudo to‘lin oyning yuzini yashirib, Bulutlar bilan o‘rab qo‘yadi. Xudo ufqni bepoyon ummon uzra yoyib, Yorug‘lik va qorong‘ilik orasiga chegara qo‘ydi. Xudo samoning ustunlariga do‘q qilsa, Ular qo‘rquvdan qaltirab tebranadi. Xudo O‘z qudrati bilan dengizni mag‘lub qildi, O‘z zakovati bilan maxluq Rahobni halok qildi. O‘z nafasi bilan bulutlarni haydab, Moviy osmonni ochdi. Uning qudrati qochayotgan ilonni ezib tashladi. Bular Xudo qilgan ishlarning kichik bir parchasidir, Xuddi pichirlab aytilgan gapga o‘xshaydi! Shunday ekan, agar Uning qudrati Momoqaldiroqday gumburlasa, kim tushuna oladi? Ayub yana gap boshlab shunday dedi: “Menga adolat qilmay, Qalbimni yaralagan Qodir Xudo shohid! Tanamda Xudo ato qilgan jon bor ekan, Oxirgi nafasim chiqmaguncha, Og‘zimdan fisqu fasod eshitilmas, Tilimdan yolg‘on so‘zlar chiqmas. Hech qachon sizlar haq, deb tan olmayman, O‘lgunimcha aybsiz ekanligimni rad qilmayman. Ikkilanmay o‘zim haqligimni aytaveraman, Hayot ekanman, vijdonim toza mening. Dushmanim fosiqlarday jazo olsin, Raqiblarim yovuzlarday jazolansin. Xudosiz odam hayotdan mahrum bo‘lganda, Unda qanday umid qoladi? Xudo uni yo‘q qilganda umidi bo‘ladimi? Xudosizlarning boshiga kulfat tushganda, Xudo ularning faryodiga quloq tutarmikin? Axir, ular Qodir Xudodan zavq topmaydilar–ku! Ular har doim ham Xudoga iltijo qilmaydilar–ku! Xudoning qudrati haqida sizlarga o‘rgataman. Qodir Xudoning yo‘llarini sizlardan yashirmayman. Axir, o‘zingiz bularning hammasini ko‘rgansiz–ku! Shunda ham bekorchi gaplarni gapirishni qo‘ymaysiz. Fosiqlarning taqdiri quyidagichadir, Qodir Xudo zolimlarning boshiga solgani mana shudir: Ularning farzandlari ko‘paysa ham, Baribir urushda halok bo‘ladi. Zurriyoti hech qachon nonga to‘ymaydi. Tirik qolganlarini o‘lat nobud qiladi, Bevalari esa aza ham tutolmaydi. Kumushlari changday ko‘p bo‘lsa ham, Kiyim–kechaklari uyum–uyum bo‘lsa ham, O‘sha kiyimlarni solihlar kiyadi, Kumushlarini esa aybsizlar bo‘lib oladi. Fosiqlarning uylari qush iniday mo‘rt bo‘ladi, Dala qorovullarining kapalari singari bo‘ladi. Fosiqlar kechqurun yostiqqa bosh qo‘yganda boy bo‘lsa, Ko‘zlarini ochib qaraganda, bor boyliklari yo‘qolib ketgan bo‘ladi. Vahima ularni suv toshqiniday bosadi, Tunda bo‘ronlar ularni uchirib ketadi. Sharq shamoli ularni olib ketadi, Fosiqlarni o‘z joylaridan supurib tashlaydi. Bu shamol shafqatsizlarcha ularga tashlanadi, Fosiqlar shamolning kuchidan qochishga urinadi. Shamol ularning ustidan kuladi, Hushtak chalib, ularni dahshatga soladi. Mana, kumush qazib olinadigan konlar bor, Tilla tozalanadigan joylar ham bor. Temirni yerdan qazib olishadi, Toshlarni eritib, mis ajratib olishadi. Inson qorong‘i konlarga chiroq bilan kiradi, Hatto yer ostining eng chet joylarini ham qaziydi. Yerning qop–qorong‘u joylarigacha borib, Temir va mis qidiradi. U odamzod yashaydigan joylardan uzoqda, Inson qadam bosmaydigan yerlarda konlar qaziydi. Odamzoddan uzoq joylarda arqonlarga osilib, chuqurlarga tushadi. Mana, donu non yerdan unib chiqadi, Ammo yer osti esa yondirilganday alg‘ov–dalg‘ov bo‘lib yotibdi. Yerdagi toshlardan zangori yoqutlar chiqadi, Tuprog‘ida tilla bor. Hech bir quzg‘un konlarning yashirin so‘qmoqlarini bilmaydi, Hech bir burgutning ko‘zlari u joylarni ko‘rmagan. Yovvoyi hayvonlar u yerlarga oyoq bosmagan, Sherlar ham u yerlardan yurmagan. Inson qoyalarni o‘yadi, Tog‘larni tag–tugi bilan qo‘porib tashlaydi. Qoyalar orasidan yo‘llar ochadi, Inson ko‘zlari hamma bebaho xazinalarni ko‘radi. Inson daryolarning manbaini topadi, Yashirin xazinalarni yorug‘likka olib chiqadi. Ammo donolikni qayerdan topsa bo‘ladi?! Idrokning manbayi qayerda ekan?! Odamzod donolikning qayerda ekanligini bilmaydi, Chunki yorug‘ yer yuzida donolik topilmaydi. Tubsiz suvlar, donolik bizda emas, deydilar, Dengiz ham, mening ichimda u yo‘q, deb aytar. Donolikni tillaga sotib olib bo‘lmaydi, Uning narxini kumush bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Donolik Ofir tillasiyu aqiq toshlar, Zangori yoqutlar bilan ham sotib olinmaydi. Tilla ham, billur ham donolikka teng kelmaydi, Donolikni toza tilla taqinchoqlarga almashtirib bo‘lmaydi. Donolikning qadri gavhardan ham balanddir Marjon va javohirlar uning oldida qadrsizdir. Habashistonning javohiri ham unga teng kelolmaydi, Eng sof tilla bilan ham donolikni sotib olib bo‘lmaydi. Shunday ekan, donolik qayerdan kelib chiqadi? Idrokning manbayi qayerda? U barcha jonzotlarning ko‘zlaridan yashirilgan, Hatto osmondagi qushlardan ham berkitilgan. Hatto Halokat va O‘lim ham, Biz donolik haqida faqat eshitganmiz, deb aytadi. Donolikka olib boradigan yo‘lni Xudo biladi, Donolikning maskanini faqatgina U biladi. Zotan Xudo yerning to‘rt tomonini ham ko‘rib turadi, Falak ostidagi hamma narsani kuzatib turadi. Xudo shamolga kuch bergan, Dengizning hajmini belgilagan. Yomg‘irning qayerga yog‘ishini U ko‘rsatib bergan, Chaqmoq uchun yo‘llarni belgilagan. O‘shanda Xudo donolikka qaradi–da, Donolikning qadrini belgiladi. Uni tekshirib ko‘rib, barqaror qildi. Xudo odamzodga shunday dedi: “Men, Rabbingizdan qo‘rqish donolikdir, Fosiqlikdan yuz o‘girish idrokdandir.” Ayub gapida davom etdi: “Qani endi, Xudo menga G‘amxo‘rlik qilgan paytlari qaytib kelsa edi. O‘sha paytlarda Xudo O‘z chirog‘i bilan yo‘limni yoritardi, Uning nuri bilan zulmatdan o‘tar edim. Kuch–quvvatga to‘lgan paytlarimda Xudo bilan bo‘lgan do‘stligim chodirimni to‘ldirib turardi. Qodir Xudo men bilan edi, Farzandlarim ham atrofimda yurardi. Uyimda qaymoq oshib–toshib yotardi, Zaytunzorlarimdan moy ariq bo‘lib oqardi. Shahar darvozasi oldida o‘tirganimda, Yo‘lboshchilar orasidan joy olganimda, Yoshlar meni ko‘rib, yo‘l berardi, Hatto keksalar ham o‘rnidan turardi. Oqsoqollar ham gapidan to‘xtab, Og‘izlarini qo‘llari bilan berkitardi. Boshliqlarning ham ovozi tinardi, Tillari tanglayiga yopishib qolardi. Gaplarimni eshitganlar meni maqtardi, Ko‘rganlar men haqimda yaxshi gapirardi, Axir, men nola qilgan yo‘qsillarga yordam berardim, Suyanchig‘i yo‘q yetimlarni chetda qoldirmas edim. O‘limdan qutqarilgan bu odamlar meni duo qilardilar, Yordamim bilan bevalarning qalbini quvonchga to‘ldirardim. Solihlikka kiyim kabi o‘rangandim, Odillikni sallam va to‘nimday kiyib yurardim. Ko‘rlarga ko‘z bo‘ldim, Cho‘loqlarga oyoq bo‘ldim. Faqirlarga ota bo‘ldim, Musofirlarning arzlarini eshitib, himoya qildim. Zolimlarning tishlarini sindirdim, Ularning og‘zidan o‘ljasini tortib oldim. Men shunday deb o‘ylardim: “Uzoq umr ko‘rib, o‘z uyimda hayotdan ko‘z yumaman. Axir, men ildizlari suvga yetgan, Shoxlarida tun bo‘yi shabnam turadigan daraxtdayman. Doimo obro‘yim baland bo‘laveradi, Kuchim qayta–qayta yangilanaveradi.” Hamma sukut saqlab, menga quloq solardi, Bizga qanday maslahat berarkan, deb kutardi. Mening so‘zlarimdan keyin hech kim gap qo‘shmasdi, So‘zlarim ularning ustiga shabnamday ohista tushar edi. Ular yomg‘ir kutganday meni kutishardi, So‘zlarim bahor yomg‘iri singari ularga singib ketardi. Ularga kulib qarasam, ko‘zlariga ishonishmasdi, Marhamat qilishimni umid bilan kutishardi. Ularga bosh bo‘lib, yo‘l–yo‘riq ko‘rsatardim, Lashkarlari orasidagi shohday yashar edim, Ular qayg‘uga tushganlarida tasalli berardim.” Endi esa o‘zimdan yosh bo‘lganlar ustimdan kuladi, Ularning otalari qo‘riqchi itlarim orasida bo‘lishga ham arzimaydi. Ulardan menga nima foyda?! Axir, ular kuch–quvvatdan qolgan–ku! Ular ochligu muhtojlikdan ozib–to‘zib ketgan, Tun bo‘yi dashtu biyobonda daydib yuradi. Cho‘l butalari orasida achchiq o‘tlar teradi, Yulg‘un butasining ildizlari ularga yemish bo‘ladi. Ular odamlar orasidan haydalgan. O‘g‘rilarga baqirganday ularning orqasidan baqiradilar. Ular quruq soyliklaru chuqurlarda, Qoyalar orasida yashashga majburdirlar. Changalzorlarda hayvonlar singari bo‘kiradi, Qichitqi o‘tlar orasida g‘ujanak bo‘lib o‘tiradi. Eng past, yaramas bu to‘dani Xivchinlar bilan yurtdan haydashgan. Mana endi, o‘shalar mazax qilib, Men haqimda qo‘shiqlar kuylaydi, Men ularga kulgi bo‘lib qoldim. Ular mendan nafratlanib, yaqinimga ham kelmaydi, Hatto yuzimga tupurishdan ham toymaydi. Xudo kuchimni kesdi, meni pastga urdi. Shuning uchun o‘sha yaramaslar ham Mening oldimda o‘zlarini jilovlay olmaydigan bo‘ldilar. O‘sha qalang‘i–qasang‘ilar Menga qarshi chiqib, yerga yiqitadilar, Meni o‘ldirmoqchi bo‘lib, hujum qiladilar. Yo‘llarimni to‘sib, Boshimga tushadigan kulfatni tezlatadilar, Ularni to‘xtatadigan hech kim yo‘q. Meni mazax qiluvchilar har tomonlama hujum qiladilar, To‘fonday ustimga yopiriladilar. Meni qo‘rquv bosgan, Obro‘yim shamol uchirgandek ketdi, Farovonligim bulut kabi o‘tib ketdi. Endi yuragim ezilib ketyapti, Har kuni men azob–uqubat tortaman. Tun bo‘yi suyaklarim zirqirab og‘riydi, Meni dard qiynab, hech tinchlik bermaydi. Xudo shiddat bilan kiyimimdan ushladi, Ko‘ylagimning yoqasidan tutdi. U meni loyga bulg‘adi, Changu tuproqchalik qadrim yo‘q. Ey Xudoyim, Senga iltijo qilaman, Ammo Sen menga javob bermaysan. Sening oldingda turibman, Sen esa qarab turaverasan. Menga nisbatan shafqatsiz bo‘lib qolding, O‘z qudrating bilan meni quvg‘in qilyapsan. Quyun bilan meni ko‘tarib, Bo‘ron orasida u yoqdan–bu yoqqa otasan. Bilaman, insonning qismati bo‘lgan O‘limga meni ham olib borasan. Boshiga kulfat tushgan muhtoj odam nola qilsa, Hech kim unga qo‘l ko‘tarmaydi–ku, axir. Men boshiga kulfat tushganlar uchun qayg‘urdim–ku! Muhtojlarni ko‘rib, yuragim achidi–ku! Ammo yaxshilik kutganimda yovuzlik keldi, Yorug‘likka umid qilsam, zulmat tushdi. Qalbim bezovtalangan, tinim bilmaydi, Og‘ir kunlar boshimga tushgan. Quyosh nuri bo‘lmagan bir zulmatda yuribman, Jamoa oldida madad so‘rab, faryod qilaman. Men chiyabo‘rining do‘stiday, Tuyaqushlarning ukasiday bo‘lib qoldim. Terim qorayib ketgan, Tanam isitmadan yonyapti. Nayim sadosi azadorlarga jo‘r bo‘ladi, Liram qayg‘uli nola qiladi. Men: “Ayol–qizlarga shahvat bilan qaramayman”, deb Ko‘zlarim bilan ahd tuzgan edim. Xo‘sh, Xudo menga bergan nasiba nima bo‘ldi?! Qodir Xudo men uchun nima buyurgan?! Adolatsizlarning boshiga ofat, Badkirdorlarning boshiga kulfat tushadi–ku. Xudo hamma yo‘llarimni ko‘radi, Bosgan qadamimni kuzatib turadi. Agar yolg‘on gapirgan bo‘lsam, Tilim yolg‘on–yashiqqa to‘la bo‘lsa, Mayli, Xudo meni adolat tarozisida tortib ko‘rsin, Shunda U pokligimni bilib oladi. Agar to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketgan bo‘lsam, Nafsim meni yo‘ldan urib, Qo‘llarimni bulg‘agan bo‘lsam, Mayli, men ekay, hosili birovga nasib bo‘lsin, Dalalarimda ungan ekinlar sug‘urib tashlansin. Biror ayol meni yo‘ldan urgan bo‘lsa, Shahvat bilan qo‘shnimni poylagan bo‘lsam, Mayli, xotinim boshqalarning bug‘doyini yanchisin, Begona erkaklar uning oldiga kirsin. Axir, shahvat buzuqlik–ku! Bu gunoh albatta hukm qilinadi. Halokat diyorigacha yetib boradigan olovdaydir u, Bor–budimni tag–tomiri bilan yeb bitiradi. Qullarim, cho‘rilarim men haqimda shikoyat qilganda, Ularga nisbatan adolatsizlik qilgan bo‘lsam, Xudo hukmga turganda men nima qilaman? Xudo meni so‘roq qilganda nima deyman? Meni yaratgan ularni ham yaratgan–ku! Onamizning qornida barchamizga shakl bergan Xudo–ku! Muhtojlar madad so‘raganda, qaytarib yubormadim, Bevalarning umidini puchga chiqarmadim. Ovqatimni bir o‘zim yemadim, Yetimlar bilan bo‘lishdim. Yoshligimdan yetimlarga ota bo‘ldim, Umrim bo‘yi bevalarga g‘amxo‘rlik qildim. [19-20] Ko‘zim tushgan yalang‘och bechoralar Qo‘ylarimdan qirqib olingan junlar bilan isindi. Usti boshi bo‘lmagan faqirlarga mehr ko‘rsatdim, Shuning uchun ular meni duo qildi. *** Agar qozixonada so‘zim o‘tishini bilib turib, Yetimlarga qarshi qo‘l ko‘targan bo‘lsam, Qo‘llarim sinib qolsin, Qo‘lim yelkamdan uzilib tushsin. Men Xudodan keladigan kulfatdan qo‘rqardim, Xudoning ulug‘vorligini bila turib, bunday ish qila olmasdim. Tillaga ishondimmi? Toza tillaga umid bog‘ladimmi? Boyligim ko‘pligidan yoki mol–mulkim bilan maqtandimmi? Osmondagi yorug‘ quyoshga qarab, Go‘zal oyning suzishini kuzatib, Yuragim vasvasaga tushdimi? Ularga sig‘indimmi? Agar shunday qilgan bo‘lsa, bu ham hukmga loyiq gunoh bo‘lar edi. Axir, bu ish bilan yuksakdagi Xudoga sadoqatsizlik ko‘rsatgan bo‘lardim–da! Hatto g‘animlarimga kelgan kulfatdan suyunmadim, Boshiga ofat tushganda quvonmadim. Ularni qarg‘ashdan o‘zimni tiydim, Boshimga gunoh orttirmadim. Xizmatkorlarim shunday derdilar: “Ayubning chodirida go‘sht yeb, to‘ymaganlar bormi?” Hech bir musofir ko‘chada tunamas edi, Chunki mening eshiklarim doimo sayohatchilarga ochiq edi. Boshqalarga o‘xshab, gunohlarimni yashirmadim, Ayblarimni yuragimda saqlamadim. Olomondan cho‘chiydiganlaru Odamlarning gapidan qo‘rqadiganlar kabi Ko‘chaga chiqmay, jim o‘tiravermadim. Koshki endi menga quloq soladigan birortasi bo‘lsa! Mana arzimga o‘zim qo‘l qo‘yyapman. Endi Qodir Xudo O‘zi javob bersin. Qani endi, dushmanim ayblarimni yozib bersa, Men faxrlanib, ularni yelkamga osgan bo‘lardim, Toj qilib kiyib yurgan bo‘lardim. Har bir bosgan qadamimga javob bergan bo‘lardim, Mag‘rur bir shahzoda kabi Xudoning oldiga borgan bo‘lardim. Agar yerlarim menga qarshi faryod qilsa, Egatlari ko‘z yoshga to‘la bo‘lsa, Bahosini to‘lamay, hosilini yegan bo‘lsam, Dehqonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan bo‘lsam, Bug‘doy o‘rniga tikanlar o‘ssin, Arpa o‘rniga gazanda o‘tlar chiqsin.” Shunday qilib, Ayubning gaplari tugadi. Shunday qilib, o‘sha uch kishi Ayubga boshqa gapirmadilar, chunki Ayub o‘z nazarida solih edi. Ammo Buz avlodining Ram xonadonidan bo‘lgan Boraxiyol o‘g‘li Elixuning jahli chiqdi. Ayub o‘zini oqlab, Xudoni ayblayotgani uchun undan qattiq g‘azablandi. U Ayubning uchala o‘rtog‘idan ham juda g‘azablandi, chunki ular Ayubning gapiga javob topib bera olmadilar. Natijada Xudo aybdorday bo‘lib qoldi. Elixu gapirish uchun o‘z navbatini kutib turardi, chunki boshqalarning yoshi unikidan ulug‘roq edi. Lekin ularning boshqa gapi yo‘qligini ko‘rib, Elixuning jahli chiqdi. Shunday qilib, Buz avlodidan bo‘lgan Boraxiyol o‘g‘li Elixu o‘z gapini boshladi: “Men yoshman, Sizlarning esa yoshingiz ulug‘. Shuning uchun uyalib, Fikrlarimni aytishga qo‘rqdim. Yoshi ulug‘lar gapirsin, Ko‘pni ko‘rganlar aql o‘rgatsin, dedim. [8-9] Ammo faqatgina yoshi ulug‘lar dono bo‘lmaydi, Nima to‘g‘riligini faqat keksalar tushunavermaydi. Axir, insonga uning ichidagi ruh — Qodir Xudoning nafasi aql–idrok beradi–ku! *** Shuning uchun menga quloq soling, Men ham o‘z fikrimni bayon qilay. Sizlar gapirganda jim turdim, Dono gaplaringizga quloq soldim. Gap qidirganingizda ham kutib turdim. Sizlarga diqqat bilan quloq soldim, Lekin hech biringiz Ayubning aybini isbotlay olmadingiz. Uning gaplariga javob bera olmadingiz. Sizlar: “Eng dono yo‘lni topdik, Ayubni inson emas, Xudoning O‘zi mag‘lub qilsin”, deya ko‘rmanglar. Ayub gaplarini menga qarata aytgani yo‘q. Shunday bo‘lganda ham, Men hech qachon sizlarga o‘xshab javob bermasdim. Ey, Ayub! Bu uchala o‘rtog‘ingiz esankirab qoldi, Gap topolmay o‘tiribdilar. Aytadigan bironta so‘zi yo‘q. Endi ularning aytadigan gapi bo‘lmasa, Men kutib o‘tiraveraymi?! Men ham javob beraman, O‘z fikrimni bildiraman. Ichimda so‘zlar toshib ketyapti, Ichimdagi ruh meni da’vat qilyapti. Qalbim ochilmagan sharob kabi jo‘shmoqda, Yangi sharob quyilgan mesh kabi yorilib ketay, deydi. Gapirib, ozgina yozilay. Og‘iz ochib, javob beray. Men hech kimga tarafkashlik qilmayman, Hech bir insonga xushomad qilmayman. Agar xushomadgo‘ylikka usta bo‘lsam, Yaratuvchim meni yo‘q qilgan bo‘lar edi. Ey Ayub, endi mening so‘zlarimni eshiting, Hamma gaplarimga quloq soling. Men hozir gapirishga tayyorman. So‘zlarim tilimda tizilib turibdi. So‘zlarim pok ko‘nglimdan chiqadi, Chin dildan gapiraman. Meni Xudoning Ruhi yaratgan, Qodir Xudoning nafasi menga hayot berib turibdi. Agar qo‘lingizdan kelsa, menga javob bering–chi, O‘zingizni himoya qilib ko‘ring–chi! Xudoning oldida siz ham, men ham birmiz, Men ham tuproqdan yaralganman. Mendan qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi, Sizga hech zulm o‘tkazmayman. Gaplaringizni o‘z qulog‘im bilan eshitdim, Quyidagi so‘zlarni oldimda aytgansiz: “Men pokman, aybsizman, Top–tozaman, menda hech bir ayb yo‘q. Xudo esa menga qarshi chiqishga bahona qidiryapti, Meni O‘z dushmanlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi. Oyoqlarimni zanjirband qildi, Yurgan yo‘limni kuzatib turadi.” Ayub, mana shu borada siz nohaqsiz. Men sizga shuni aytay: Xudo butun odamzoddan ulug‘roqdir. Shunday ekan, nimaga U bilan da’volashyapsiz? Nima uchun, Xudo menga javob bermaydi, deysiz? Xudo qayta–qayta gapiradi. Shunda ham odamlar tushunmaydi. Odamlar chuqur uyquga ketganda, O‘rinlarida uxlab yotganda, Tushlar, tungi vahiylar orqali Xudo ularning quloqlariga gapiradi, O‘z ogohlantirishlari bilan ularni qo‘rqitadi. Inson gunohlaridan qaytsin, Odamzod takabbur bo‘lmasin, deb bu so‘zlarni aytadi. O‘sha ogohlantirishlar odamlarni qabrdan saqlaydi, O‘lim daryosidan qutqaradi. Xudo insonlarga dardu og‘riq berib, Odamlarning suyaklarini zirqiratib, tarbiyalaydi. Shunda ular nonga ham qaray olmaydigan bo‘lib qoladi. Hatto eng shirin ovqatlar ham ko‘nglini aynitadi. Ular ozib–to‘zib ketadi, faqat terisi qoladi. Oldin ko‘rinmagan suyaklari endi turtib chiqadi. Ana, ular qabrga yaqinlashib qoldi. O‘lim ularning jonini poylab turibdi. Lekin shu paytda insonning himoyachisi bo‘lsa, Minglarga qarshi chiqib, O‘sha insonni solih, deb tasdiqlaydigan bir himoyachisi O‘sha insonga rahm qilib: “Ey Xudoyim, uni qabrdan qutqargin, Bu insonning joni evaziga to‘lov topdim”, desa, O‘sha insonning tanasi yosh bolaniki kabi yangilanadi, Yoshligidagi kabi yana kuchga to‘ladi. O‘sha inson Xudoga ibodat qiladi, Xudo esa uni qabul qiladi. Xudoning huzuriga u shodlik bilan kiradi, Chunki Xudo uni solihlik yo‘liga qaytaradi. O‘sha inson kelib, boshqalarga shunday deydi: “Mana, men to‘g‘ri yo‘ldan yurmasdan, Gunoh qilgan edim, Lekin men o‘zimga loyiq jazoni olmadim. Xudo jonimni qabrdan qutqarib qoldi. Endi mening hayotim yorug‘ kunlarga to‘la!” Ha, Xudo odamzodga shunday qiladi, Bir emas, ikki emas, ko‘p marta takrorlaydi. Insonlarni qabrdan saqlash uchun, Hayot nuri ularning yo‘llarini yoritsin, deb shunday qiladi. Ey Ayub, diqqat qiling, menga quloq soling, Jim turing, men gapiray. Agar biror gapingiz bo‘lsa, menga javob bering. Gapiravering, chunki oqlanishingizni xohlayman. Lekin gapingiz bo‘lmasa, menga quloq soling, Sukut saqlang, men sizga donolikni o‘rgatay. Elixu gapida davom etib shunday dedi: “Mening so‘zlarimni tinglang, ey donishmandlar. Menga quloq soling, ey bilimdonlar. Til taomning ta’mini tatiganday, Quloq ham so‘zlarni sinab ko‘radi. Kelinglar, nima to‘g‘riligini tanlaylik, Nima yaxshiligini birgalikda o‘rganaylik. Ayub shunday deydi: “Men aybsizman, lekin Xudo menga adolat qilmayapti. To‘g‘ri bo‘lsam ham, meni yolg‘onchiga chiqarishdi. Gunohsiz bo‘lsam ham tuzalmas dardga yo‘liqqanman.” Ayubga o‘xshagan odam bormi? Ayub uchun Xudoga shak keltirish suv ichishday bir gap! Uning o‘rtoqlari badkirdorlardir, U fosiqlar bilan vaqt o‘tkazadi. Ayub hatto shunday degan: “Xudoga yoqadigan ish qilishdan hech bir foyda yo‘q!” Shuning uchun menga quloq soling, zakovatlilar. Xudo aslo fosiqlik qilmas, Qodir Xudo nohaqlik qilmas. Axir, U odamlarning qilganlariga yarasha qaytaradi, Qilmishlarining oqibatini o‘z boshlariga keltiradi. Mana bu haqiqatdir: Xudo fosiqlik qilmaydi, Qodir Xudo adolatga xiyonat etmaydi. Xudoga yer yuzidagi hukmronlikni birov beribdimi?! Biror kimsa Xudoni dunyoga hukmdor qilib qo‘yibdimi?! Agar Xudo O‘z Ruhini — Nafasini qaytarib olishga qaror qilsa, Butun insoniyat birdaniga halok bo‘lgan bo‘lardi, Odamzod yana tuproqqa qaytgan bo‘lardi. Aqlingiz bo‘lsa eshiting, Gaplarimga quloq soling. Adolatdan nafratlangan inson hukmdor bo‘la olarmidi? Qudratli va Odil Xudoni hukm qilmoqchimisiz? Shohlarga: “Sizlar yaramassiz”, — deydigan, Beklarni fosiq, deb ataydigan Xudo–ku! U beklar uchun tarafkashlik qilmaydi, Boyni kambag‘aldan ustun ko‘rmaydi. Axir, ularning hammasini O‘zi yaratgan! Odamlar bir zumda o‘ladi. Yarim kechada qaltiraydi–yu, jon beradi. Qudratlilar osonlikcha yo‘q qilinadi. Odamlar qilgan ishlarni Xudo kuzatib turadi, Ular bosgan har bir qadamni Xudo ko‘rib turadi. Biron zulmat yoki qorong‘i joy yo‘qki, Badkirdorlar o‘sha joyda yashirinib olsa. Insonni hukm qilish uchun Xudo taftish o‘tkazishi shart emas. Xudo tekshirmasdan ham qudratlilarni qulatib, Ularning o‘rniga boshqalarni joylaydi. Xudo qudratlilarning ishlarini kuzatib turadi. Shuning uchun kechasi ularni ag‘darib tashlaydi, Ular halok bo‘ladi. Xudo ularni fosiqligi uchun Hammaning ko‘z oldida jazolaydi. Chunki ular Xudoga ergashishni rad qildilar, Xudoning yo‘llarini anglab yetmadilar. Kambag‘allarni shunday ezdilarki, Ularning nolasi Xudoga yetib bordi. Xudo sukut saqlasa, kim ham uni hukm qilardi? U yuzini yashirsa, kim ko‘ra olardi? Bu biror inson yoki biror xalqning qo‘lidan kelarmikan?! Betavfiqlar boshqa odamlarga tuzoq bo‘lmasin, deb Xudo ularni hukmdor qilib qo‘ymaydi. Birortasi Xudoga: “Men jazoimni oldim, endi gunoh qilmayman. Men ko‘rolmaydigan narsalarni o‘rgat, Ha, noto‘g‘ri ishlar qildim, Endi bunday qilmayman”, — deydimi? Xudo sizning o‘lchovingiz bo‘yicha qaytarishi kerakmi? Axir, siz Undan nafratlandingiz–ku! Ey Ayub, men emas, siz qaror qilishingiz kerak. Qani, bilganingizni ayting–chi. Mana, gaplarimni eshitgan donolar, Aql–idroklilar shunday deyapti: “Ayub bilmasdan gapiryapti, Gaplarining ma’nisi yo‘q.” Qani endi, Ayub yaxshilab hukm qilinsa, Axir, u fosiqlarga o‘xshab gapiryapti–ku. Ayub Xudoga qarshi chiqib, Gunohi ustiga gunoh qo‘shyapti. Oramizda Xudoni mazax qilyapti, Xudoga qarshi ko‘p gap aytyapti.” Elixu gapini davom ettirib, shunday dedi: Ey Ayub: “Xudoning oldida aybsizman”, — deb aytishingiz noto‘g‘ri. Siz Xudoga: “Gunohsizligim Menga yaxshilik keltirishi kerak edi–ku! Ammo men yomonlik ko‘rdim!” — deb aytishingiz ham to‘g‘ri emas. Siz va do‘stlaringiz gapimni eshitinglar. Osmonga qarab ko‘ringlar, Sizlardan ancha tepada bo‘lgan bulutlarga qaranglar. Itoatsizlik qilsangiz, Xudoga nima zarar? Gunohlaringiz ko‘paysa, Xudoga nima? Bordi–yu, solih bo‘lsangiz, Unga nima qilib berardingiz? U sizning qo‘lingizdan biror narsa olishga zormi? Fosiqligingizdan faqat insonlar qiynaladi. Solihligingiz ham faqatgina insonlarga madad beradi. Zulm haddan ko‘pligidan odamlar faryod qiladi. Zo‘ravonlarning qo‘lidan qutqaringlar, deb yordam so‘raydi. Ammo hech kim yaratgan Xudoga yolvormaydi. Tunlari umid beradigan Xudoga iltijo qilmaydi. U esa yer yuzidagi jonivorlarga qaraganda bizga ko‘proq bilim bergan–ku! Bizni osmondagi qushlardan aqlliroq qilgan–ku! Zulm ostida qolgan insonlar faryod qilishsa ham, Xudo javob bermaydi. Axir, ularning o‘zlari takkabur va fosiqdir. Xudo bunday insonlarning puch so‘zlariga umuman quloq solmaydi, Qodir Xudo ularga e’tibor bermaydi. Ey, Ayub! Siz: “Xudoni ko‘rmayapman”, deysiz. Da’voingizni Unga keltirdingiz, endi sabr qiling! Siz: “Xudo g‘azabini sochmayapti, Fosiqlikka zarracha e’tibor bermayapti”, deb o‘ylaysiz. Shunday qilib, Ayub bema’ni gaplarni gapiryapti. Hech nima bilmay turib, gapni ko‘paytiryapti.” Elixu gapida davom etib shunday dedi: “Yana bir oz sabr qiling, men sizlarga ko‘rsatay, Xudo tomonida turib gapiradigan gaplarim bor hali. Mening bilimim juda ko‘p, Meni Yaratganning odil ekanligini sizlarga ko‘rsataman. Rostini aytaman, so‘zlarim yolg‘on emas. Mana men, bilimi barkamol inson sizning oldingizdaman. Xudo qudratlidir, Ammo U insonlardan nafratlanmaydi, Xudo qudratli va barqarordir. Fosiqlarning yashashiga Xudo yo‘l qo‘ymaydi, Ezilganlarga esa adolat qiladi. Solihlardan yuz o‘girmaydi, Solihlarni shohlar bilan birga taxtga chiqaradi, Ularni to abad yuksaltiradi. Agar insonlar zanjirband bo‘lsa, Azob ularni iskanjaga olgan bo‘lsa, Xudo ularning qilmishlariniyu gunohlarini o‘zlariga ko‘rsatadi, Ular mag‘rurlanib ketganlarini oshkor qiladi. Yo‘l–yo‘riqlarini tinglashga majbur qiladi, Yovuzlikdan qaytishga amr qiladi. Agar ular itoat etib, Xudoga xizmat qilsalar, Qolgan umrlarini farovonlikda o‘tkazadilar, Hayotlari rohatda o‘tadi. Ammo itoat etmasalar, Ular o‘lim daryosiga g‘arq bo‘ladilar, Aql–idrokka erishmay, olamdan o‘tadilar. Xudosizlar alamini ichiga yutib yuraveradilar, Xudo ularni kishanlasa ham yordam so‘ramaydilar. Ular sajdagohlardagi fahshbozlar orasida, Yoshliklaridayoq vafot etadilar. Xudo qiynalganlarni o‘sha azoblari orqali qutqaradi, Zulm va jabr–jafoga mubtalo qilib, ularning ko‘zlarini ochadi. Xudo sizni ham darddan ozod qilib, Cheklanmagan kenglikka olib chiqadi, Dasturxoningiz noz–ne’matlar bilan to‘ladi. Ammo siz hozir fosiqlarni hukm qilish bilan ovorasiz. Xayolingiz adolat va hukm bilan band. Ehtiyot bo‘ling, yana birov sizni boylik bilan vasvasaga solmasin, Katta poralar sizni yo‘ldan urmasin. Boyliklaringiz sizni kulfatdan qutqara olarmidi?! Qudratu–kuchingiz endi sizga yordam bera olarmidi?! Tunni kutavermang, Axir, xalqlar kechasi yo‘q bo‘lib ketadilar–ku! Hushyor bo‘ling! Fosiqlikka yuz burmang, Axir, dard sizni fosiqlikdan saqlash uchun yuborilgan–ku. Xudo O‘z qudrati tufayli yuksakdir! Unga o‘xshash ustoz bormi? Kim Xudoga yo‘l ko‘rsata olardi?! Kim Unga: “Qilganlaring noto‘g‘ri”, deya oladi?! Xudo qilgan ishlari uchun Insonlar Uni madh qiladilar, Siz ham doimo ularga jo‘r bo‘ling. Butun inson zoti Uning ishlarini ko‘rgan, Hamma uzoqdan turib kuzatadi. Xudo qanchalar buyuk! Uning buyukligiga aqlimiz yetmaydi, Xudoning umrini hisoblaydigan sonning o‘zi yo‘q. U suv tomchilarini yig‘ib, Ularni yomg‘irga aylantiradi. Bulutlardan yomg‘ir yog‘diradi, Odamzod bundan bahramand bo‘ladi. Xudo qanday qilib bulutlarni yurg‘izishini Yoki O‘z maskanidan turib, momaqaldiroqni qanday gumburlatishini Kim ham tushuna oladi? Mana, qaranglar, Xudo shunday chaqmoq chaqtiradiki, Hatto dengiz tubi ham yorishib ketadi. Xudo O‘z qudratli ishlari bilan xalqlarni boshqaradi, Ularga farovonlik ato qiladi. Chaqmoqni qo‘liga olib, Belgilagan joyiga borib urishni amr qiladi. Bo‘ron kelayotganini momaqaldiroq bildirib turadi, Hatto chorva ham oldindan sezadi. Mana shular haqida o‘ylasam, Yuragim o‘ynab, joyida sakraganday bo‘ladi. Xudo ovozining gumburlashiga yaxshilab quloq soling. Uning og‘zidan chiqayotgan guldirosni eshiting. Chaqmog‘i butun falak ostida chaqnab, Yerning to‘rt burchiga yetib boradi. Undan keyin gulduros eshitiladi, Xudo O‘zining ulug‘vor ovozi bilan gumburlagan sado chiqaradi, Uning ovozi eshitilganda chaqmoq chaqnayveradi. O‘z ovozi bilan Xudo ajoyib gulduros hosil qiladi, Uning qilgan ishlariga aqlimiz yetmaydi. U buyursa yerga qor yog‘adi, Xudo aytgani uchun sel yog‘adi. U hamma odamlarning ishlarini to‘xtatib qo‘yadi, Shunda insonlar Xudoning qudratini bilib oladi. Jonivorlar o‘z inlariga kiradi, O‘z uyalarida yashirinadi. Bo‘ron o‘z makonidan chiqadi, Sovuq shamol esadi. Xudo nafasi bilan muz hosil qiladi, Bepoyon suvlar muzlab qoladi. Bulutlarni suv bilan to‘ldiradi–da, Ularning orasidan chaqmoq chaqtiradi. Xudo bulutlarga yo‘l ko‘rsatadi, Xudoning amrlari bajo bo‘lishi uchun Shamolu suv yer yuzi bo‘ylab aylanadi. U ba’zan, odamzodni jazolay, deb yomg‘ir yog‘diradi. Ba’zan esa yerni sug‘oray, Odamzodga O‘z sevgimni ko‘rsatay, deb bulutlarni yuboradi. Bir daqiqa jim turing, Ayub, quloq soling, Xudoning ajoyib ishlari haqida o‘ylab ko‘ring. Xudo qanday qilib bulutlarni boshqarishini Yoki chaqmoq chaqtirishini bilasizmi? Qanday qilib bulutlar osmonda osilib turishini, Bilimi barkamol Xudoning ajoyibotlarini bilasizmi? Axir, yer yuzida esgan garmsel tufayli Kiyimlaringiz ham isib ketadi–ku! Osmon sayqallangan bronzaday qattiq, Xudo uni yoyib qo‘ygan! Shunday qilish sizning ham qo‘lingizdan keladimi? Xudoga qanday gapirishni bizga o‘rgating. Biz notavonlar da’voimizni tushuntira olmaymiz. Gapirmoqchi bo‘lganimni birortasi Xudoga aytishi kerakmi? Axir, inson gapirsa, albatta halok bo‘ladi–ku! Shamol bulutlarni haydagandan so‘ng Tiniq osmonda charaqlab turgan quyoshga Hech kim qaray olmaydi. Shimoldan yorqin nurlar taralmoqda, Xudo ajoyib ulug‘vorlikka burkangan. Biz Qodir Xudoga yetolmaymiz, Uning qudrati yuksakdir. U to‘g‘ri hukm chiqaradi, adolatiga xiyonat qilmaydi. Shuning uchun insonlar Undan qo‘rqadi. Ha, qalbi donolar Xudoni ko‘radi. Shundan keyin Egamiz quyun orasidan Ayubga shunday deb aytdi: Bilmay turib gapirayotgan kim? Kim donoligimga gumon qilyapti? Qani, erkakka o‘xshab belingni bog‘la, Seni so‘roq qilaman, javob ber–chi. Zaminning poydevorini qo‘yganimda qayerda eding? Dono ekansan, qani ayt–chi! Yer yuzining chetlarini belgilagan kim? Axir, o‘zing bilasan–ku! Kim yerning ustidan chiziq o‘tkazdi? [6-7] Yerning poydevorini nima ushlab turibdi? Tong yulduzlari jo‘r bo‘lib, qo‘shiq kuylaganda, Samoviy mavjudotlar quvonchdan hayqirganda Yerning tamal toshini qo‘ygan kim? *** Dengiz yer tubidan otilib chiqqanda, Darvozalarni yopib, to‘sib qo‘ygan kim? Axir, Men bulutlarni dengizga kiyim qilib qo‘ydim. Dengizni qalin zulmat bilan o‘rab qo‘ygan Menman. Men dengizga chegaralar belgiladim, Dengizni tambalangan darvozalar bilan to‘sib qo‘ydim. Men dengizga: “Faqat mana shu yergacha kelasan, Sening mag‘rur to‘lqinlaring shu yerda to‘xtaydi”, deb aytdim. Sen umringda biror marta tong otsin, deb buyurganmisan? Yoki sharqdan kun chiqsin, deb aytganmisan? Quyosh nuriga: “Yerning to‘rt burchiga tarqalib, Fosiqlarni yashiringan joyidan siltab chiqargin”, deb aytganmisan? Kun yorishar ekan, matodagi bezaklar kabi, Muhr bosilgan mum kabi, Yer yuzidagi qirlaru vodiylar o‘z shaklini ko‘rsatadi. Fosiqlarga nur berilmaydi, Ularning yomon niyatda ko‘tarilgan qo‘li sinadi. Dengiz tubidagi buloqlarni borib ko‘rganmisan? Suvlar tubida yurib, tekshirib ko‘rganmisan? O‘lim darvozalari qayerdaligini bilasanmi? Zulmat darvozalarini senga ko‘rsatishganmi? Bu dunyoning qanchalik ulkanligini bilasanmi? Agar shularning hammasini bilsang, Menga ayt–chi! Yorug‘likning maskaniga olib boradigan yo‘lni, Zulmatning turar joyini bilasanmi? Ularni o‘z joylariga olib bora olasanmi? O‘sha joyga qanday borishni bilasanmi? Ha, sen bilasan albatta! Sen yorug‘lik va zulmatdan oldin tug‘ilgansan–da! Qanchalik uzoq umr ko‘ryapsan–a! Qor saqlanadigan omborxonalarni ko‘rganmisan? Do‘l saqlanadigan omborlarni–chi? Men ularni kulfat kunlari uchun, Urush va jang kunlari uchun saqlab qo‘yganman. Yorug‘lik manbaiga olib boradigan yo‘l qani? Sharq shamoli chiqadigan joy qayerda? Selu jalaga kim yo‘l ochib bergan? Chaqmoqning yo‘llarini kim belgilagan? Huvullab yotgan biyobonga, Kimsasiz cho‘lga kim yomg‘ir yog‘diradi? Tashlandiq xarobazorlarni suvga qondirib, U yerlarda maysalar o‘stiradigan kim? Yomg‘irning otasi bormi? Shabnamni kim dunyoga keltirgan? Muz qayerdan tug‘iladi? Samodan tushadigan qirovga kim hayot bergan? Suv toshlarday qotib qoladi, Dengiz sathi muzlaydi. Hulkar yulduzini ushlab turgan arqonlarni yechib tashlay olasanmi? Parvin yulduzlarini sen bog‘lab qo‘ya olasanmi? Yulduz turkumlarini o‘z mavsumida joyiga boshlaysanmi? Katta ayiq va kichik ayiq burjidagi yulduzlarga yo‘l ko‘rsata olasanmi? Osmon qonunlarini bilasanmi? Sen o‘sha qonunlarni yer yuziga tatbiq qila olasanmi? Bulutlarga qarab baqirib ko‘rgin–chi, Qani ustingga yomg‘ir yog‘armikan? Sen chaqmoqni chaqtira olasanmi? U kelib, xizmatingizdaman, deydimi? Kim yuraklarga donolik bergan? Kallaga aql–idrokni kim solib qo‘ygan? [37-38] Qani, bulutlarni sanashga kimning aqli yetadi? Quruq tuproqni loyga aylantirib, Kesaklarni bir–biriga yopishtirish uchun Kim falak meshlarini ag‘darib, yomg‘ir yog‘dira oladi? *** [39-40] G‘orlarida yashirin yotgan, Inlarida kutib yotgan Sherning bolalarini to‘ydira olasanmi, Ona sherga o‘lja topib bera olasanmi? *** Qarg‘aning bolalari qorni ochib, daydib yurganda, Menga faryod qilganda ehtiyojlarini qondirgan kim, axir? Tog‘ echkilari qachon tug‘ishini bilasanmi? Kiyiklar bolalaganini ko‘rganmisan? Ular bolasini necha oy qornida ko‘tarib yurishini bilasanmi? Ular bolalaydigan vaqtni–chi? Ular cho‘kkalab tug‘adi, Bolalarini dunyoga keltiradi. Ularning bolalari ochiq joylarda o‘sib, kuchga to‘ladi, Ota–onasini tashlab ketadi, boshqa qaytib kelmaydi. Qulonga kim ozodlik bergan? Kim uning arqonini yechib tashlagan? Men dashtlarni unga makon qilib berdim, Sho‘r yerlar qulonning maskani bo‘ldi. Shahardagi shovqin–surondan u kuladi, Hech kim uning ustiga minib, unga baqirolmaydi. Qirlar qulonning yaylovidir, O‘sha yerlarda u ko‘katlarni qidirib yuradi. Yovvoyi buqa senga xizmat qilishga rozi bo‘ladimi? Tunni sening og‘ilingda o‘tkazadimi? Arqon bilan uni omochga bog‘lay olasanmi? U yerlaringni ag‘darib beradimi? Kuchi ko‘p, deb unga ishona olasanmi? Hamma og‘ir ishlaringni unga topshirasanmi? U hosilingni yig‘ib, Xirmonga olib kelishiga ishonasanmi? Tuyaqush qanotlarini sevinch bilan qoqaveradi, Ammo uning qanotu patlari laylaknikiga teng kelolmaydi. Tuyaqush tuxumlarini yerga qo‘yadi, Ularni qumda isitadi. Birov oyoqlari bilan tuxumlarini bosib ketishidan, Yovvoyi hayvon ularni ezib tashlashidan xavotirlanmaydi. O‘z bolalariga begonalarga o‘xshab berahm. Chekkan zahmati behuda, ammo unga baribir. Chunki Xudo unga aql bermagan, Uni idrokdan qisib qo‘ygan. Ammo tuyaqush qanotlarini yoyib yugurganda, Otu chavandozni changida qoldirib ketadi. Otga kuchni sen berganmisan? Uning bo‘ynini sen yol bilan qoplaganmisan? Sen otlarni chigirtkaday sakratasanmi?! Otlar baland ovoz bilan kishnab, Odamlarni qo‘rquvga soladi. Shiddat bilan yerni tepadi, Qattiq kuch bilan yugurib, jangga otiladi. Qo‘rquvni bilmaydi, vahimaga tushmaydi, Qilichdan ham qochmaydi. Ularning ustida o‘qdon taraqlaydi, Atrofida qilichu nayzalar yaltiraydi. Burg‘ular chalinganda otlar bir joyda turolmaydi, Ular chopqillab, yerni changitadi. Har burg‘u chalinganda kishnaydi, Uzoqdanoq jang hidini sezadi. Sardorlarning jangga da’vatlariyu baqiriqlarini eshitadi. Qarchig‘aylar qanotlarini yoyib, janubga uchadi. Ularga uchishni sen o‘rgatdingmi? Sen buyurganing uchun burgut parvoz qiladimi? Sening so‘zing bilan baland joylarda in quradimi? U qoyalarda yashaydi, Qirrali qoyalar uning qal’asi. O‘sha yerdan turib, burgut o‘ljasini topadi, Uzoqdan turib ko‘zlari ko‘radi. Uning bolalari qonga to‘yadi, Jasadlar qayerda bo‘lsa, ular ham o‘sha yerda.” Keyin Egamiz Ayubga shunday dedi: “ Qodir Xudo bilan bahslashayotgan odam endi Uni to‘g‘rilaydimi?! Qani, Xudoni ayblagan gapirsin endi!” Shunda Ayub Egamizga javob berdi: “Men senga javob berishga loyiq emasman, Og‘zimni qo‘lim bilan yopaman. Bir–ikki gapirib javob topmadim, Endi boshqa gapirmayman.” Shundan keyin Egamiz quyun orasidan gapirib, Ayubga shunday dedi: Qani, erkakka o‘xshab belingni bog‘la, Seni so‘roq qilaman, javob ber–chi. Sen Meni adolatsizlikda ayblamoqchimisan? Meni hukm qilib, o‘zingni oqlamoqchimisan? Sening qo‘ling Xudoning qo‘liday qudratlimi? Uning ovoziga o‘xshab gumburlaydigan ovozing bormi? Shunday bo‘lsa, qani, o‘zingni shonli dabdabaga o‘ragin–chi, Ulug‘vorlik va salobat bilan burkangin–chi. G‘azabingni to‘kib soch, Hamma takabbur insonlarga nazar solgin–da, Ularning popugini pasaytirib qo‘y. Ha, barcha mag‘rur insonlarga qaragin–da, Ularni yer bilan bitta qil. Fosiqlarni turgan joyida ezib tashla. Hammasini tuproqqa ko‘mib tashla, Ha, yuziga tuproq tortib, qabrni yop. Shunda Men senga tan beraman, O‘z kuching bilan najot topa olarkansan, deyman. Begemotga qaragin, Xuddi seni yaratganimday uni ham Men yaratganman, U ho‘kizga o‘xshab o‘t yeydi. Uning belida kuchi ko‘p, Qorin mushaklari kuchga to‘la. Dumi sadr daraxtiday kuchli, Son mushaklari juda ham baquvvat. Uning suyaklari bronzadan yasalgan novlarday, Qo‘l–oyoqlari temirday mustahkam. Men yaratgan jonivorlar orasida u eng ajoyibidir, Yaratganning O‘zigina unga bas kela oladi. Yovvoyi hayvonlar o‘ynab yuradigan qirlar Unga oziq beradi. U xalqoblardagi qamishlar orasida, Nilufar gullari tagida yotadi. U nilufar gullarining soyasida yotadi, Irmoq bo‘yidagi tollar uni o‘rab oladi. Daryo jo‘shib oqsa ham u qo‘rqmaydi, Iordan daryosining to‘lqinlari yuziga urilsa ham U bexavotir turaveradi. Birov uning ko‘zlarini ko‘r qilib, ushlay oladimi?! Ilmoq bilan burnini teshib tuta oladimi?! Maxluq Levitanni baliq singari, Ilmoq bilan ushlay olasanmi?! Tilini arqon bilan bog‘lay olasanmi?! Burnidan arqon o‘tkazib, Jag‘ini ilmoq bilan tesha olasanmi?! O‘sha maxluq qayta–qayta sendan rahm–shafqat tilaydimi?! Xo‘sh, u senga mayin so‘zlar bilan gapiradimi?! Sen bilan ahd tuzib, Bir umrga quling bo‘lib qoladimi? Qush bilan o‘ynaganday u bilan o‘ynay olasanmi? Yoki qizlaring uchun uni bog‘lab bera olasanmi? Baliqchilar uning uchun savdolashadimi?! Savdogarlarga uni bo‘lib beradimi?! Uning terisini nayza bilan tesha olasanmi? Boshini baliqchilarning sanchqisi bilan yora olasanmi? Agar unga qo‘l tekkizsang, Bir umrga pushaymon bo‘lasan! Ikkinchi qo‘l tekkizmaydigan bo‘lasan. Ha, maxluq Levitanni ushlamoqchi bo‘lganlar o‘zini o‘zi aldaydi, Uning ko‘rinishi odamni dahshatga tushiradi. Uni qo‘zg‘atishga hech kimning yuragi dov bermaydi. Shunday ekan, kim Menga qarshi chiqa oladi?! Xo‘sh, kimdan qarzim borki, hisobini talab qilsa?! Axir, falak ostidagi hamma narsa Meniki–ku! Men Levitanning qo‘lu oyoqlari, Beqiyos kuchi va ajoyib tanasi haqida aytib beray. Kim uning terisini shila oladi? Zirhga o‘xshagan terisini kim teshishi mumkin? Uning og‘zini kim ochib ko‘ra oladi? Axir, uning tishlari qo‘rqinchli–ku! Uning beli qator–qator qalqondaydir, Ular bir–biriga yopishtirib mahkamlangan. Bir–biriga shunchalik yaqinki, Hatto orasidan havo ham o‘tolmaydi. Ular bir–biriga yopishgan, Birga mahkamlangan, ajratib bo‘lmaydi. Levitan aksirganda uchqun chiqadi, Ko‘zlari tong nuriga o‘xshab chaqnaydi. Og‘zidan alanga chiqadi, Olov uchqunlari otiladi. Yonayotgan qamish ustida qaynayotgan qozondan bug‘ chiqqanday, Uning ham burnidan tutun chiqadi. Uning nafasi ko‘mirni yondiradi, Og‘zidan alanga chiqadi. Bo‘yni shu qadar baquvvatki, Ko‘rganlar vahimaga tushadi. Eti qatlam–qatlam bo‘lib, bir–biriga yopishib ketgan, Ular shunchalik qattiqki, qimirlatib bo‘lmaydi. Yuragi toshday qattiq, Ha, tegirmon toshiday qattiq. Levitan qo‘zg‘alganda, kuchlilar ham qo‘rqadi, Levitan tashlanganda, ular g‘ujanak bo‘ladi. Unga tekkan qilich, nayza, yoy o‘qiyu Xanjar hech ta’sir qilmaydi. Temir unga somon kabidir, Bronza esa chirigan yog‘och kabidir. Yoy o‘qi uni qochirolmaydi, Palaxmon toshi somonchalik ta’sir qilmaydi. Tayoq unga xashakday tuyuladi, Nayzalarning shuvullashidan u kuladi. Qornidagi tangachalari sopol parchasiday o‘tkir, Loydan yursa, yerni yorib o‘tadi. Levitan harakatlaridan dengiz qaynaydi, Chuqur suvlarni qaynagan moyday qiladi. U suzgan joylarda yaltiragan iz qoladi, Dengiz oq sochlar bilan qoplanganga o‘xshaydi. Yer yuzida unga teng keladigani yo‘q, Bu jonivorda qo‘rquv degan narsa yo‘q. Barcha takabbur jonzotga u past nazar bilan qaraydi, Mag‘rur yovvoyi hayvonlarning shohi Levitandir.” Shunda Ayub Egamizga javob berdi: “Ha, bilaman, Sen hamma narsani qila olasan. Sening rejalaringni hech kim buza olmaydi. “Bilmay turib, donoligimga gumon qilayotgan kim?” — deb so‘rading. O‘sha menman. O‘zim tushunmaydigan narsalar haqida og‘iz ochdim. Aqlim yetmaydigan ajoyibotlar haqida gapirdim. Sen: “Qani quloq sol, Men gapiraman. Seni so‘roq qilaman, javob ber”, — deding. Sen haqingda birovlardan eshitgandim, Ammo endi ko‘zlarim bilan Seni ko‘rib turibman. Shuning uchun endi aytganlarimni qaytib olaman, Boshimga tuprog‘u kul sochib, tavba qildim. Ayubga gapirib bo‘lganidan keyin, Egamiz temonlik Elifazga shunday dedi: “Sen va ikki do‘stingdan juda qattiq g‘azabdaman, chunki sen Men haqimda to‘g‘ri so‘zlarni aytmading. Ayub esa to‘g‘ri gapirdi. Endi yettita buqa va yettita qo‘chqor olib, Ayubning yoniga boringlar. O‘sha yerda o‘z gunohlaringiz uchun Menga kuydiriladigan qurbonlik keltiringlar. Ayub sizlar uchun ibodat qiladi. Men uning ibodatlarini qabul qilaman, sizlarga ahmoqligingizga loyiq jazo bermayman. Sizlar Men haqimda to‘g‘ri so‘zlarni gapirmadingiz. Ayub esa to‘g‘ri gapirdi.” Shunday qilib, temonlik Elifaz, shuvaxlik Bildad va namaxlik Zo‘far borib, Egamizning aytganlarini qildilar. Egamiz Ayubning ibodatlarini qabul qildi. Ayub o‘z do‘stlari uchun ibodat qilganidan keyin, Egamiz uning boyligini qayta tikladi. Unga oldingidan ikki baravar ko‘p baraka berdi. Shunda Ayubning hamma aka–ukalari, opa–singillari, eski tanishlarining barchasi kelishdi. Uning uyida ziyofat qilishdi. Egamiz tomonidan yuborilgan kulfatlar uchun Ayubga hamdardlik bildirib, unga tasalli berishdi. Ularning har biri Ayubga bir bo‘lak kumush va tilla uzuk hadya qildi. Ayubning qolgan umri davomida Egamiz unga oldingidan ham ko‘proq baraka berdi: bu davrda Ayubning o‘n to‘rt mingta qo‘ylari, olti mingta tuyasi, ming juft ho‘kizi va mingta eshagi bor edi. Egamiz Ayubga yetti o‘g‘il va uch qiz ham berdi. Ayub birinchi qiziga Yamima, ikkinchisiga Kaziyo, uchinchisiga esa Xaranxappux, deb ot qo‘ydi. Butun yurtda Ayubning qizlariday go‘zal qizlar yo‘q edi. Ayub qizlariga ham aka–ukalari qatori meros berdi. Shundan keyin Ayub yana bir yuz qirq yil yashadi. Farzandlar ko‘rdi, nabiralaru ularning farzandlarini ham ko‘rdi, hammasi bo‘lib to‘rt nasl ko‘rdi. Shunday qilib, Ayub yoshini yashab, oshini oshab, uzoq umr ko‘rib, olamdan o‘tdi. Shunday insonlar saodatlidir: Ular fosiqlar maslahatiga yurmaydi, Gunohkorlar yo‘lida ular turmaydi, Mazaxchilar orasida ular o‘tirmaydi. Ha, ular Egamizning qonunidan zavq oladi, Tunu kun ta’limotining mag‘zini chaqadi. Unday insonlar oqar suv bo‘yiga o‘tqazilgan Daraxtlarga o‘xshaydi. Ular o‘z mavsumida mevasini beradi, Barglari aslo qurimaydi. Ular neki qilsa, omadi keladi. Fosiqlar esa bunday emaslar, Shamolda to‘zg‘uvchi somonga o‘xshaydi. Hukmda fosiqlar oqlana olmaydi, Solihlar jamoasidan gunohkorlar joy ololmaydi. Egamiz solihning yo‘lini qo‘riqlaydi, Fosiqning yo‘li halokatga yetaklaydi. Nega quturadi xalqlar?! Nega behuda fitna qiladi elatlar?! Zamin shohlari Egamizga, Va U tanlagan shohga qarshi saf tortadilar. Hukmdorlar fitna qo‘zg‘ab, shunday deydilar: “Sindiraylik ular solgan kishanlarni, Olib tashlaylik bo‘ynimizdan sirtmoqlarni.” Osmonda hukmron bo‘lgan Rabbiy esa Ularni masxaralab, ustidan kuladi. Rabbiy g‘azab bilan ularni ogoh etadi, Qahrini sochib, vahimaga solib aytadi: “Men Sionga, O‘zimning muqaddas tepaligimga O‘zimning shohimni joylashtirdim.” Egamizning so‘zlarini shoh e’lon qilmoqda: “Egamiz menga shunday dedi: ‘Sen Mening o‘g‘limsan, Bugun Men senga Ota bo‘ldim. Tila, xalqlarni senga mulk qilib beraman, Yerning to‘rt tomoni seniki bo‘ladi. Temir xivchin ila ularni urib ezasan, Sopol ko‘zani sindirganday ularni parchalaysan.’” Ey shohlar! Endi aql bilan ish qiling. Ey zamin hukmdorlari! Ogoh bo‘ling. Qo‘rquv ila Egamizga sajda qiling! Vahima ila tavba qiling! Uning o‘g‘liga ta’zim qiling, Bo‘lmasa U g‘azablanadi, Yo‘lingizda yo‘q bo‘lib ketasiz, Uning g‘azabi tez alanga oladi. Naqadar baxtlidir Unda panoh topganlar! O‘g‘li Absalomdan qochayotgan paytda Dovudning aytgan sanosi. Ey Egam! G‘animlarim naqadar ko‘pdir! Menga qarshi qo‘zg‘alganlar qanchalar ko‘pdir! Ko‘plar men haqimda: “Xudodan unga najot yo‘q”, — deb aytadilar. Ey Egam, Mening qalqonimsan! Shuhratim Sensan! Sen boshimni yuksaltirasan. Egamizdan madad so‘rab qilaman faryod, Muqaddas tepaligidan U menga beradi javob. Egamiz meni himoya etgani uchun Yotib uxlab, yana uyg‘onaman. Har tomondan meni qurshab turgan O‘n minglarcha g‘animlarimdan qo‘rqmasman. Qo‘zg‘algin, ey Egam! Najot ber, ey Xudoyim! Hamma g‘animlarimning yuzlariga urasan, Qabihlarning tishlarini sindirasan. Ey Egam! Najot sendan keladi! Barakalaring xalqingga kelsin! Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Dovud sanosi. Ey mening odil Xudoyim! Iltijo qilganimda javob ber! Kulfatda qolganimda meni ozod qilding. Menga shafqat qilib, ibodatimni eshit. Ey insonlar, qachongacha sha’nimni yerga urasiz?! Qachongacha puch so‘zlarga ko‘ngil bog‘laysiz?! Qachongacha yolg‘onlarni izlab yurasiz?! Unutmangki, Egamiz O‘zi uchun tanlaydi taqvodorni, Iltijo qilganimda, Egamiz eshitadi meni. Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmang, Tunda yotganingizda o‘ylang, sukut saqlang. Munosib qurbonliklar keltiring, Umidingizni Egamizga bog‘lang. Ey Egam, odamlar shunday deb aytadi: “Yaxshi zamonlarni kim bizga ko‘rsatadi?” Ey Egam, jamoling bizga nurlarini sochsin! Donu maylari mo‘l bo‘lganlar quvonadi, Sen yuragimga undan ham ko‘proq shodlik berding. Yotganimda xotirjam uxlayman, Ey Egam, yolg‘iz Sen meni omon saqlaysan. Ijrochilar rahbariga. Nay jo‘rligida. Dovud sanosi. So‘zlarimga quloq tut, ey Egam! Diqqat qilgin nolalarimga. Eshitgin, madad so‘rab iltijo etaman, Sen ham Shohimsan, ham Xudoyimsan! Shu bois Senga ibodat qilaman. Ey Egam! Tong chog‘i ovozimni eshitasan, Subhidamda Senga yolvoraman, Sendan javob kutaman. Qabihlikdan mamnun bo‘lmaydigan Xudosan Sen, Senga mehmon bo‘lolmas gunohkor inson. Takabburlar huzuringda tura olmaydilar, Hamma badkirdorlarni Sen yomon ko‘rasan. Yolg‘on gapiradiganlarni Sen qirib tashlaysan, Ey Egam, qonxo‘r, yolg‘onchilardan Sen jirkanasan. Men esa sodiq sevging mo‘lligi sabab Sening uyingga kiraman. Muqaddas Ma’badingda ta’zim qilaman, Qo‘rquv ila Senga sajda qilaman. Naqadar dushmanlarim ko‘p, ey Egam, Odilliging bilan meni so‘qmog‘ingdan yetakla, O‘z yo‘llaringni menga ravshan qil. Dushmanlarim og‘zidan haqiqat chiqmaydi, Ularning yuraklari balo–ofatdir. Og‘izlari ochilgan qabr kabidir, Tillari xushomad qiladi. Ey Xudo, ular gunohkordir, jazolagin! Niyatlari o‘zlarining boshiga yetsin. Ular Senga qarshi isyon qilganlar. Gunohlari ko‘pligi uchun ularni haydab yuborgin. Senda panoh topganlarning hammasi sevinsin, To abad shodlikdan ular kuylasin. Ularni Sen himoya qilganing uchun, Seni sevganlar sevinch ila jo‘shsin. Ey Egam! Sen solih kishilarga baraka berasan, Sening himmating ularni qalqonday himoya qiladi. Ijrochilar rahbariga. Sakkiz torli asbob jo‘rligida. Dovud sanosi. Ey Egam! G‘azab bilan menga tanbeh bermagin, Qahring sochib, menga jazo bermagin. Ey Egam, madorim yo‘q, rahm qil menga, Suyaklarim zirqiraydi xastalikdan, Ey Egam, shifo ber menga. Azob chekmoqda jonim, Qachongacha kuttirasan, ey Egam, qachongacha? Kel endi, ey Egam, qutqar jonimni, Sodiq sevging haqi ozod qil meni. Axir, o‘lganda eslamas hech kim Seni, O‘liklar diyorida kim shukr qilar Senga?! Oh–voh qilaverib charchadim, Tunlari ko‘z yoshlarim tufayli o‘rnim ho‘l bo‘ldi, Yig‘laganimdan to‘shagim shalabbo bo‘ladi. Ko‘zlarim nuri so‘ndi g‘amdan, Zaiflashdi ko‘zlarim dushmanlarim dastidan. Yo‘qolinglar ko‘zimdan hammangiz, ey badkirdorlar! Nola–yig‘ilarimni Egam eshitdi. Egam eshitdi mening iltijoimni, Egam qabul qiladi mening ibodatimni. Jamiki dushmanlarim uyalib qoladi, Hammasi vahimaga tushib qoladi, O‘sha on sharmanda bo‘lib, qaytib ketadi. Benyamin qabilasidan bo‘lgan Kushning qilmishlari tufayli Dovudning Egamizga aytgan marsiyasi. Senda panoh topaman, ey Egam Xudo, Payimga tushganlardan xalos et, qutqar meni. Yo‘qsa, ular meni sherday g‘ajib tashlaydi, Burda–burda qiladi, hech kim meni qutqarolmaydi. [4-5] Ey Egam Xudo! Agarda kimgadir nohaqlik qilgan bo‘lsam, Do‘stimni dushmaniga sotgan bo‘lsam mabodo, G‘animimni sababsiz talagan bo‘lsam, Ha, agarda u ishlarni qilgan bo‘lsam, *** Dushmanlarim ta’qib qilsin, tutsin meni, Tanamni tuproqqa qorsin, Jasadimni yerga tashlasin. Qani, g‘azabingni sochgin, ey Egam! Qo‘zg‘al yovlarimning qahriga qarshi! Ko‘rib, adolat qilgin! Xalqlarni atrofingga to‘plagin, Balanddagi taxtingda o‘tirib, Ular ustidan hukmronlik qilgin. Xalqlarni hukm qil Sen, ey Egam, Ey Egam, mening ham yuzimni yorug‘ qil, Bilasan–ku, solihman, begunohman. Fosiqlarning yovuzligi barham topsin, Solihlar barqaror bo‘lsin. Ongu yuraklarni sinaguvchi Sensan, Ey odil Xudo! Mening qalqonimdir Xudo, Pokdillarga U najot beradi. Adolatli hakamdir Xudo, Qabihga U doim g‘azabini sochadi. Agar inson tavba qilmasa, Xudo qilichini charxlaydi, Kamonini tayyor qilib turadi. Qirg‘in qurollarini shay qilib qo‘ygan, Olovli o‘qlarini tayyorlab qo‘ygan. Ana, qabihlar qabihlikdan urug‘ orttiradi, Dardu balolardan homilador bo‘ladi, Oxir–oqibatda yolg‘onni tug‘adi. Ular chuqur qaziydilar, Ammo chohga o‘zlari qulaydilar. Ularning dardu balosi o‘ziga qaytadi, Zo‘ravonligi o‘zlarining boshiga yetadi. Egamizga, adolating uchun shukr, deyman. Xudoyi Taolo — Egamizga hamdu sano kuylayman. Ijrochilar rahbariga. Soz jo‘rligida. Dovud sanosi. Ey Egam, bizning Rabbimiz! Butun yer yuzida Sening noming ulug‘vordir! Osmondan ham yuksakdir Sening shuhrating! Dushmanlaringning, qasoskorlarning Ovozini o‘chiray, deya Sen bolalar va chaqaloqlarni O‘z qudratingni so‘ylashga o‘rgatding. Qo‘llaring ijodi bo‘lgan osmoningga qaradim, O‘zing joylashtirgan yulduzlaru oyga boqdim. Inson zoti nedirki, u haqda o‘ylagaysan?! Bandalar nedirki, Sen ularni ardoqlaysan?! Sen ularni O‘zingdan andak past qilding, Izzatu sharaf tojini ularga kiygizding. Jamiki yaratganing uzra ularni hukmron qilding, Bor narsani ularning oyog‘i ostiga qo‘yding: Jamiki molu qo‘ylarni ham, Barcha yovvoyi hayvonlarni ham, Samodagi qushlaru dengiz baliqlarini — Dengizda suzuvchi har xil maxluqlarni. Ha, ularning ustidan insonni hukmron qilding. Ey Egam, bizning Rabbimiz! Butun yer yuzida Sening noming ulug‘vordir! Ijrochilar rahbariga. “O‘g‘ilning o‘limi” kuyiga aytilgan. Dovud sanosi. Butun yuragimdan, ey Egam, Senga shukr aytaman, Barcha ajoyib ishlaringni so‘ylayman. Sen tufayli shodlanib, quvonaman. Qo‘shiq aytib, Seni madh etaman, Ey Xudoyi Taolo! Dushmanlarim chekinib qochganlarida, Qoqilib, nobud bo‘ldi Sening huzuringda. Sen adolat ila hukm qilib taxtga o‘tirding, Meni hukm etib, yuzimni yorug‘ qilding. Xalqlarni Sen vahimaga solding, Qabihlarni qirib tashlading. Ularning nomini bir umrga o‘chirding. Vayronalar ichra dushmanimiz to abad g‘oyib bo‘ldi, Ularning shahrini Sen vayron etding, Ularning xotirasi tamoman o‘chdi. Egamiz esa to abad O‘z taxtida o‘tiradi, U taxtini hukm qilish uchun qurgandir. U olamni adolat bilan boshqaradi, Xalqlarni odilona hukm qiladi. Mazlum uchun Egamiz qal’aday bo‘ladi, Ha, qayg‘uli damlarda U panoh bo‘ladi. Ey Egam, Seni taniydiganlar O‘zingga umid bog‘laydi. Senga yuz burganlarni tark etmaysan. Hamdu sano kuylang Quddusda taxt qurgan Egamizga! Uning ishlarini e’lon qiling xalqlar orasida! Qasoskor Egamiz mazlumlarni yodida tutadi, Jafokashlar faryodini U unutmaydi. Rahm qil menga, ey Egam, qara! Mendan nafratlangan g‘animlarim azob bermoqda! O‘lim og‘zidan meni qaytaradigan Sensan! Shu bois go‘zal Quddus darvozalari oldida Senga hamdu sano aytayin, Menga najot bergan Sensan, Shu bois ham quvonayin. Xalqlar o‘zlari qazigan chuqurga o‘zlari yiqildi, Yashirgan to‘rlariga oyoqlaridan ilindi. Egamiz adolatli hukmi ila O‘zining kimligini ko‘rsatdi. Qabihlar o‘zlari qo‘ygan tuzoqqa ilindi. Qabihlar va Xudoni unutgan jamiki xalqlar O‘liklar diyoriga tushar. Muhtojni Xudo bir umrga unutmas, Bechoraholning umidini to abad yo‘qqa chiqarmas. Qani, ey Egam! Inson zoti g‘olib chiqmasin, Xalqlar huzuringda hukm qilinsin. Ularni qo‘rquvga sol, ey Egam! Xalqlar inson zoti ekanligini bilsin. Nechun, ey Egam, uzoqda turibsan? Qayg‘uli damlarda O‘zingni yashirasan? Takabbur qabihlar bechorani ta’qib qiladi, To‘qigan ig‘volari o‘zlarining boshiga yetsin. Qabihlar yovuz ehtiroslari bilan maqtanadi, Ochko‘zlar Egamizni la’natlaydi, Undan nafratlanadi. Xudoga intilmaydi o‘ziga bino qo‘ygan qabihlar, “Xudo yo‘qdir”, deb doim o‘ylaydi ular. Qabihlar har doim omadga erishadi, Xudoning amrlarini tushunmaydi, Dushmanlarini ular pisand qilmaydi. Ular o‘ylaydilar o‘z ko‘nglida: “Biz hech qachon qoqilmaymiz, Hech qachon kulfatlarga duch kelmaymiz.” Qabihlarning og‘zidan la’nat, hiyla, po‘pisa chiqadi, Ular manfur, jaholat so‘zlarini aytishga mohir. Ular qishloqlarda yashirinib oladi, Begunoh insonni poylab o‘ldiradi. Ko‘zlari ojiz qurbonni qidiradi. Sherga o‘xshab panada kutib turadi, Bechorani ushlayman, deb pisib yotadi, Zaifni o‘z sirtmog‘iga ilintirib, ushlab oladi. Qabihlar o‘z kuchi bilan zaifni yiqitadi, Uni yotqizib, ezg‘ilab tashlaydi. Ular o‘z ko‘ngillarida: “Xudo qilmishlarimizni unutgan, U ko‘zlarini yumib olgan, hech narsani ko‘rmaydi”, — deb o‘ylaydi. Qani, ey Egam! Urgin qabihlarni, Ey Xudo! Unutmagin mazlumlarni! Nechun qabihlar Sendan nafratlanadi? Nechun o‘z ko‘nglida ular: “Xudo Mendan hisob so‘ramaydi”, deb aytadi? Sen esa ko‘rib turasan, Bilib turasan kulfatu azobda qolganlarni. Qo‘llaringni ularga uzatasan, Ojiz o‘zini panohingga topshiradi, Sen yetimga doim yordam bergansan. Qabihlaru yovuzlarning qo‘lini qirqqin, Qilmishlari uchun ulardan hisob so‘ra, Toki ular boshqa yovuzlik qilmasin. Egamiz shohdir to abad, O‘zga xalqlar yo‘q bo‘ladi Uning yurtidan. Ey Egam, mazlumlarning istaklariga quloq solasan, Ularning yuraklariga dalda berasan. Yetimu mazlumning dodini Sen eshitib, Yer yuzida banda ularni vahimaga solmasin, deya Ularga Sen adolat qilasan. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. [1] Egamizda men panoh topaman, Qanday qilib siz menga deysiz: “Qush kabi uchib ketgin tog‘larga. Qara, pokdilning yuragini panadan otmoq uchun Qabihlar yoylarini tayyorladi, O‘qlarini shaylab, mo‘ljalga oldi. Qonun, ko‘rsatmalarning asosi buzilsa, Solih nima qila oladi?!” Egamiz O‘zining muqaddas Ma’badidadir, Egamizning taxti samodadir. U insonni ko‘zdan qochirmaydi, Nigohi insonni tekshirib turadi. Egamiz solihni hamda qabihni sinaydi, Zulmni sevguchidan U nihoyatda nafratlanadi. Qabihning ustiga cho‘g‘, oltingugurt yog‘diradi, Ularga ulush qilib garmselni beradi. Egamiz adolatlidir, U to‘g‘ri ishlarni sevadi, To‘g‘ri yuradigan inson Uning marhamatidan bahramand bo‘ladi. Ijrochilar rahbariga. Sakkiz torli asbob jo‘rligida. Dovud sanosi. Najot bergin bizga, ey Egam! Taqvodor bir inson qolmadi, Senga sodiq inson yo‘q bo‘lib ketdi. Hamma bir–biriga yolg‘on so‘zlaydi, Xushomadgo‘ylik bilan bir–birini aldaydi. Xushomadgo‘y tillarni Egamiz kesib tashlasin, Maqtanchoq og‘izlarni U qirib tashlasin. Axir, ular: “Og‘zimiz bilan erishamiz har narsaga, Tilimiz o‘zimizniki, kim xo‘jayin bizga?!” — deb aytadi. Egamiz aytmoqda: “Muhtoj ezilib ketdi, Bechora nola qildi. Endi qo‘zg‘alaman, O‘zlari intilgan najotga yetkazaman.” Egamizning va’dalari g‘oyatda pokdir, Uning so‘zlari o‘choqda Yetti karra tozalangan kumushga o‘xshaydi. [8-9] Har tarafda qabihlar daydib yuradi, Har yoqda odamlar yomonlikni maqtab yuradi. Ey Egam! Bulardan bizlarni saqlagaysan, To abad bu nasldan bizni himoya qilgaysan. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Ey Egam, qachongacha meni unutasan? Meni to abad unutasanmi? Qachongacha yuzlaringni mendan yashirasan? Qachongacha jonim azobda qoladi? Kun bo‘yi yuragim g‘amga to‘ladi? Qachongacha dushmanim mendan ustun keladi? Javob ber, ey Egam Xudo, boq holimga! Kuchimni qaytargin, toki ketmayin o‘lim uyqusiga. “Uni yengdim”, deb aytmasin dushmanim, Yiqilganimda sevinmasin yovlarim! Men umid bog‘layman sodiq sevgingga, Najotingdan qalbim to‘ladi quvonchga. Ey Egam, qo‘shiq aytaman Senga Inoyat aylaganing uchun menga. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. [1] Ahmoqlar o‘z ko‘nglida: “Xudo yo‘q”, deydi. Ular buzuqlardir, qilmishi jirkanch ishlardir, Yaxshilik qiluvchi biron zot yo‘qdir. “Idrokli biron zot bormikan? Bormikan Menga yuz burgan?” deya Insonga Egamiz osmondan boqar. Hammasi adashgan, birday buzilgan, Yaxshilik qiluvchi bir kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q! Ular idroksiz, badkirdor, Xalqimni bir luqma nonday yeb yuborar, Hech qachon Egamizga sajda qilmaydi. Ana, bosayotir ularni qattiq vahima, Xudo solihlar bilandir birga. Badkirdorlar mazlumning niyatini puchga chiqarsa ham, Egamiz mazlumlarning panohidir. Eh, Quddusdan Isroilga najot kelsaydi! Egamiz O‘z xalqini yana farovonlikka erishtirsa, Yoqub nasli shod bo‘lgay, Isroil sevingay! Dovud sanosi. [1] Ey Egam, kim yashaydi Sening maskaningda? Kim makon topadi Sening muqaddas tog‘ingda? To‘g‘ri yurib, to‘g‘ri ish qilganlar yashaydi, Yurakdan haq gapni aytganlar yashaydi. Boshqalarga bo‘hton qilmaganlar yashaydi, Do‘stlariga yomonlik qilmaganlar yashaydi, Qo‘shnilarini haqorat qilmaganlar yashaydi. Razil kimsalardan nafratlanganlar yashaydi, Ey Egam, Sendan qo‘rqqanlarni izzatlaganlar yashaydi, O‘ziga zarar bo‘lsa ham, ahdida turganlar yashaydi. Qarz berib sudxo‘rlik qilmaganlar yashaydi. Aybsizga qarshi guvohlik berish uchun pora olmaganlar yashaydi. Bularni qilganlar tinch–omon bo‘ladi. Dovud qo‘shig‘i. [1] O‘zing saqla meni, ey Xudo! Men Senda panoh topaman. Egamga aytdim: “Mening Rabbimsan, Sendan boshqa mening buyuk baxtim yo‘q.” Naqadar ulug‘vordir yurtdagi taqvodorlar, Ulardan men g‘oyat zavq olaman. Soxta xudolarga ergashganlarning kulfati ortadi. Ularning ichimlik nazri qon ekan, Men ularning bu nazrlariga qo‘shilmayman, Soxta xudolarning ismlarini tilga olmayman. Ey Egam! Barqarorligim Sensan, Muvaffaqiyatim ham O‘zingdirsan, Kelajagimni Sen ta’minlaysan. Chegara chiziqlari tushgan Men uchun huzurbaxsh joylarga, Naqadar ajoyib mulkim bor! Egamni olqishlayman, U menga yo‘l ko‘rsatadi, Tunda ham qalbim menga o‘git beradi. Men doim Egamni birinchi o‘ringa qo‘yaman, U o‘ng tomonimda bo‘lgani uchun Meni hech narsa qo‘zg‘ata olmas. Shu bois, ey Egam, yuragim quvonchga to‘la, Jonim ham quvonadi. Tanam xavf–xatarsiz yashaydi. Meni o‘liklar diyoriga tashlab ketmaysan, Bu taqvodoringni qabrda chiritmaysan. Menga hayot so‘qmog‘ini O‘zing ko‘rsatasan, Huzuringda shodlik meni qamrab oladi, Menga boqiy huzur–halovatni Sen berasan. Dovud ibodati. [1] Ey Egam, haqli da’voimni eshit, Faryodimga e’tibor ber. Hiylasiz og‘zimdan chiqqan Ibodatimga quloq tut. Begunohligimni ko‘rsatgin Sen, Adolatni ko‘rsin ko‘zlaring. Hatto yuragimni taftish qilib, Tunda meni sinab ko‘rsang, Agar meni imtihon qilsang, Yomon niyatni menda topa olmasding. Og‘zim gunoh qilmas, qarorim shudir. Insonlar qilmishini men qilmadim, Sening amringga men itoat etdim, Zo‘ravonning yo‘llaridan o‘zimni saqladim. Qadamlarim so‘qmoqlaringda sobit bo‘ldi, Oyoqlarim hech qachon toyib ketmadi. Senga iltijo qilaman, ey Xudo, javob berasan, Menga quloq tutib, so‘zlarimni eshitgin. Sodiqligingni zohir et ajoyib ishlar ila. Raqiblardan qochib Senga borganlarga O‘ng qo‘ling bilan najot berguvchi Sensan. Meni ko‘zlaring qorachig‘iday asragin, Meni qanotlaring soyasida yashirgin, Meni talaydigan fosiqlardan asragin, Atrofimda shay turgan ashaddiy yovlarimdan yashirgin. Ularning yuragida shafqatga joy yo‘q, Og‘izlari bilan kiborlarcha gapiradi. Ular meni ta’qib qilib, o‘rab olganlar, Yerga urmoq uchun menga ko‘zlarini tikadi. Dushmanlarim meni g‘ajimoqchi bo‘lgan sherga o‘xshaydi, Pana joyda pisib yotgan shervachchaga o‘xshaydi. Kel, ey Egam! Ularga qarshi yuz bur, Tiz cho‘ktirgin ularni! Qiliching ila fosiqlardan qutqargin meni! Ey Egam! Qudrating ila Meni bunday insonlardan qutqargin, Ularning nasibasi faqatgina bu dunyodadir. Tayyorlab qo‘ygan achchiq ko‘rgiliklaring bilan Ularni to‘ydirgin, Hatto bolalariga ham yetsin, Nabiralari ham totib ko‘rsin. Solih bo‘lganim uchun men Seni ko‘rgayman, Uyg‘onib, jamolingni ko‘rganimdan rozi bo‘lgayman. Ijrochilar rahbariga. Egamizning quli Dovudning sanosi. Dovudni Egamiz barcha dushmanlari va Shoul qo‘lidan ozod etgan kunda, Dovud bu qo‘shiqni Unga atab kuylagan. Seni sevaman, ey Egam, mening qudratim. Egam suyangan qoyamdir, mening qal’am, qutqaruvchimdir. Ha, Xudodir mening qoyam, Unda panoh topaman. Udir mening qalqonim, bahodir kurashchim, qo‘rg‘onim. Egamga iltijo qilaman, G‘animlarimdan U meni xalos qiladi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Meni o‘lim to‘rlari chirmab olgandi, Balo–qazo sellari dahshat ila bosib kelgandi. Ha, o‘liklar diyorining to‘rlari meni o‘rab olgandi, O‘lim changali qarshimda paydo bo‘lgandi. Kulfatda qolganimda Egamga iltijo qildim, Ha, nola qildim Xudoyimga. U Ma’badidan turib, ovozimni eshitdi, Ohu nolam qulog‘iga yetib bordi. U zamon yer yuzi titrab, tebrandi, Tog‘larning poydevori larzaga keldi, Egamiz g‘oyat g‘azabga mingan edi. Burnidan tutun buruqsab chiqardi, Og‘zidan otash pishqirardi, Oldidan qip–qizil cho‘g‘ yog‘ilardi. U ko‘klarni yorib, pastga tushdi, Oyoqlari ostida — qora bulut. Bir karubga minib uchdi, Yel qanotlari uzra uchib keldi. Atrofini zulmat bilan o‘radi, Quyuq, qora bulutlarni O‘ziga chayla qildi. Uning oldida yorug‘lik chiqdi, Do‘l va qip–qizil cho‘g‘ qop–qora bulutlarni parchaladi. Egamizning ovozi ko‘klarda guldiradi, Xudoyi Taoloning sadosi eshitildi. O‘qlarini otdi, Chaqmoq chaqtirib, yovlarini tirqiratdi, Ularni sarosimaga soldi. Egamizning tahdidlaridan, Uning qahrli nafasidan Dengizning tubi ko‘rinib qoldi, Zamin poydevori yalang‘och bo‘lib qoldi. Egam yuqoridan qo‘l uzatib, meni tutdi, Bahaybat suvlardan meni chiqarib oldi. Meni kuchli g‘animlarim qo‘lidan, Mendan nafratlangan yovlarimdan qutqardi, Ular mendan kuchli edilar. Qora kunimda ular menga qarshi turdilar, Egam esa menga tayanch bo‘ldi. Meni bexavotir joyga chiqarib qo‘ydi, Mendan mamnun bo‘lib, najot berdi. Egam solihligim uchun meni mukofotlaydi, Aybsizligim uchun meni taqdirlaydi. Zero, men Egamning yo‘lidan yurdim, Axloqsizlik qilmadim, Xudoyimdan yuz o‘girmadim. Uning hamma qonun–qoidalariga rioya qildim, Farmonlarini chetga surib qo‘ymadim. Uning oldida benuqson bo‘ldim, Gunoh qilishdan o‘zimni saqladim. Shu sababli Egam meni pok deb bildi, Solihligimga yarasha mukofot berdi. Ey Egam! O‘zingga sodiq bo‘lganga Sen sodiq bo‘lasan, Begunohga aybsizligini ko‘rsatasan, Pok kishiga pokligingni ko‘rsatasan, Egriga esa ayyorligingni ko‘rsatasan. Ahli kamtarga esa najot berasan, Dimog‘dorni yerga urasan. Ey Egam Xudo! Chirog‘imni yoquvchi O‘zingsan, Zulmatni men uchun yorug‘likka aylantirasan. Ey Xudoyim! Senga suyanib lashkarni yo‘q qilaman, Senga suyanib devorlardan oshib o‘taman. Xudoning yo‘li komildir, Egamizning kalomi chin haqiqatdir, Panoh izlab borganga U qalqondir. Egamizdan boshqa Xudo kim ekan?! Xudoyimizdan boshqa suyanchiq Qoya bormikan?! Meni qudratli qiluvchi Xudodir, Yo‘limni O‘zi bexatar qiladi. U oyoqlarimni kiyik oyog‘iday qiladi, Cho‘qqilar uzra meni bexatar yurg‘izadi. Qo‘llarimni jang qilishga o‘rgatadi, Barmoqlarim bronza yoyni buka oladi. Ey Egam, Sen menga zafar qalqoningni bergansan, O‘ng qo‘ling menga tayanch bo‘ladi, Madading esa meni yuksaltiradi. Oyoqlarim uchun yo‘limni keng qilgansan, Oyoqlarim sira og‘ib ketmas. G‘animlarimni quvlab, tutib oldim, Ularni yo‘q qilmay ortga qaytmadim. Shunday ezdimki ularni, tura olmadilar, Oyoqlarim ostida cho‘zilib qoldilar. Sen menga quvvat berib, jangga yubording, Menga qarshi otlangan yovni oldimda bosh egdirding. G‘animlarimni mendan qochirding, Mendan nafratlanganlarni yo‘q qildim. Ular madad so‘rab faryod qildilar, Najotkorni esa topolmadilar, Ey Egam, g‘animlarim Senga yolvordilar, Ammo Sen javob bermading. Shamolning changiday ularni ezdim, Yo‘ldagi loydek sidirib tashladim. Sen meni xalqning urush–janjalidan xalos etding. Meni ellarga yo‘lboshchi qilding, O‘zim tanimagan elat menga qaram bo‘ldi. Ovozimni eshitiboq quloq tutdi, Yot ellar menga bo‘yin egdi. Yot ellar holsizlanib yiqildi, Qaltirab manzilidan chiqib qochdi. Egam barhayotdir! Suyangan qoyamga olqishlar bo‘lsin! Najotkorim Xudo yuksalsin! Qasdimni olgan Xudodir, Xalqlarni menga U tobe qilgan, Meni g‘animlarimdan U qutqargan, Bosqinchilardan meni ustun qilgan, Meni zo‘ravonlar qo‘lidan xalos etgan. Shu bois, ey Egam, xalqlar ichra Senga hamdlar aytaman! Seni kuylab sano aytaman! Egamiz O‘z shohini ulug‘ zafarlarga erishtiradi, O‘zi tanlagan shoh Dovud va uning urug‘iga To abad sodiq sevgisini ko‘rsatadi. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Xudoning shuhratini samolar namoyon qiladi, Uning ijodini falak toqi aytib turadi. Osmon kundan–kunga buni bildiradi, Har tun bundan xabardor qiladi. Samo, falak aytmas bir gap, yo bir jumla, Chiqmas ulardan hech bir sado. Ammo xabarlari har tomonga tarqaladi, Olamning chetigacha yetib boradi. Xudo samolarda quyosh uchun chodir qurgan. Quyosh go‘shangadan chiqqan kuyovga o‘xshaydi. Qahramonlarga o‘xshab g‘ayrat bilan yo‘lagidan boradi. Samolarning bir chetidan u chiqib, Aylanib, boshqa bir chetiga yo‘l oladi, Uning taftidan hech narsa yashirina olmaydi. Egamizning qonuni mukammaldir, Bizga u yangi kuch ato etadi, Egamizning farmonlari ishonchlidir, G‘o‘r yoshlarga donolik beradi. Egamizning buyruqlari to‘g‘ridir, Qalblarni shodlikka to‘ldiradi, Egamizning amrlari ravshandir, Ular ko‘zlarga nur beradi. Egamizdan qo‘rqish poklikdir, Bu to abad davom etadi. Egamizning qoidalari haqiqatdir, Hammasi g‘oyat adolatlidir. Ular sof oltindan ham a’lodir, Toza asaldan ham shirinroqdir. Ey Egam, qoidalaring menga, O‘z qulingga o‘git beradi, Qoidalaringga itoat etganlar buyuk mukofot oladi. Kim o‘z xatosini bila oladi?! Yashirin xatolardan meni o‘zing poklagin. Men, O‘z qulingni oshkora gunohdan saqlagin, Ustimdan gunoh hokim bo‘lmasin. Shunda men aybsiz bo‘laman, Og‘ir gunohdan ham xoli bo‘laman. Ey Egam, suyangan qoyam, qutqaruvchim! Og‘zimdan chiqqan so‘zlar, Yurakdagi niyatlarim Senga ma’qul bo‘lsin. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Kulfatda qolganingda, Egamiz javob bersin, Bobomiz Yoqubning Xudosi seni tinch–omon saqlasin. Muqaddas maskanidan U senga madad yuborsin, Quddusdan U senga tayanch bo‘lsin. U sening hamma nazrlaringni yodda tutsin, Kuydirilgan qurbonliklaringni qabul etsin. Ko‘ngling istaganini Egamiz senga in’om qilsin, Hamma rejalaringni ro‘yobga chiqarsin. Shunda biz zafaringni sevinch ila kuylaymiz, Xudoyimiz nomi bilan bayroqlar o‘rnatamiz, Hamma iltijolaringni Egamiz ro‘yobga chiqarsin. Bilaman, Egamiz O‘zi tanlagan shohga najot beradi, Egamiz muqaddas samosidan unga javob beradi, Egamiz o‘ng qo‘li bilan unga buyuk g‘alaba ato qiladi. Ba’zilar jang aravalariga ishonadi, Ba’zilar otlari bilan maqtanadi, Biz esa Egamiz Xudoga ishonamiz. Ular holsizlanib yiqiladilar, Biz esa kuchayib qad rostlaymiz. Ey Egam, shohimizga ato qilgin g‘alaba, Iltijo qilganimizda, javob bergin bizga. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Ey Egam! Sening qudrating tufayli shoh quvonadi, Sen bergan zafarlardan u naqadar lazzatlanar! Ko‘nglidagi istaklarini ro‘yobga chiqarding, Uning tilaklarini rad qilmading. Ulug‘ barakani unga ato qilding, Uning boshiga sof oltin toj kiygizding. Sendan umr so‘raganda, umr berding, Uzoq hamda boqiy umr baxsh etding. Shohning shuhrati Sen bergan zafarlar tufayli ulug‘dir, Unga dabdaba, ulug‘vorlik ato qilgan Sensan. Sen to abad unga baraka berasan, Unga juda yaqin bo‘lib, Uni shodlikka to‘ldirasan. Egamizga shohimiz umid bog‘laydi, Xudoyi Taoloning sodiq sevgisi tufayli U hech qachon qoqilmaydi. Ey shohimiz, qo‘ling barcha dushmanlaringni mag‘lub qiladi, Ha, o‘ng qo‘ling sendan nafratlanganlarni mag‘lub qiladi. Sen zohir bo‘lganing zamon Qizigan tandirday ularni yondirasan. Egamiz O‘z g‘azabi bilan ularni yutib yuboradi, Alanga ularni yondirib tashlaydi. Ey shohimiz, ularning naslini Yer yuzidan qirib tashlaysan, Zurriyotini insoniyat orasidan yo‘qotasan. Dushmanlaring senga qarshi yomonlikni reja qilsalar, Ular senga qarshi fitna qo‘zg‘asalar, Hech narsaga erisha olmaydilar. Kamoningdan ularga o‘qlar otasan, Ortiga qochishga majbur qilasan. O‘z qudrating tufayli yuksalaver, ey Egam, Qudratingni kuylab, hamdu sano aytamiz. Ijrochilar rahbariga. “Tongda chiqqan kiyik” kuyiga aytilgan. Dovud sanosi. Ey Xudoyim! Nega meni tark etding?! Nega mendan uzoqdasan shu qadar?! Ey Xudoyim! Nechun menga najot bermaysan?! Ohu nolalarimni eshitmaysan?! Ey Xudoyim, kun bo‘yi iltijo qilaman, Sen esa javob bermaysan. Tun bo‘yi yolvoraman, Ammo menga tinchlik yo‘q. Baribir Sen muqaddas Xudosan, Isroilning hamdu sanosi qurshab olgan taxtingni. Ota–bobolarimning umidi Senda edi, Sen ularga najot berding. Ular Senga nola qilib, najot topdilar, Ular Senga ishonib, uyalib qolmadilar. Axir, men inson emas, bir qurtdirman. Odamlar hazar qilgan, xalqlar nafratlangan. Meni ko‘rgan har kim ustimdan kular, Meni haqoratlab, bosh chayqab derlar: “Egangga ishon, O‘zi qutqarib olar, Egang sendan mamnun bo‘lsa, U najot berar.” Sen eding onam qornidan meni chiqargan, Sen eding onam bag‘rida meni omon saqlagan. Senga tayanaman tug‘ilganimdan buyon, Mening Xudoyimsan onam dunyoga keltirgandan buyon. Mendan uzoq bo‘lmagin! Axir, kulfat yonginamda–ku, Menga madad berguvchi biron kimsa yo‘q! Bir gala buqalar Meni qurshab olgan, Ha, Bashan yerlarining kuchli buqalari Meni o‘rab olgan. O‘kirib o‘ljasini pora qiladigan sherga o‘xshab, Men tomon ular og‘izlarini katta ochgan. Hayotim suv kabi to‘kildi, Suyaklarim bo‘g‘inidan bo‘shashdi, Yuragim mum kabi ichimda erib ketdi. Madorim sopol parchasiday quridi, Tilim tanglayimga yopishib qoldi, Meni o‘lim to‘shagiga yotqizding. Atrofimda ko‘ppaklar izg‘iydi, Badkirdorlar to‘dasi qurshab olgandir, Qo‘lu oyoqlarimni ilma–teshik qiladi. Hamma suyaklarim ko‘rinib turadi, Dushmanlarim ko‘zlarini chaqchaytirib, Yeb qo‘ygudek bo‘ladi. Kiyimlarimni o‘zaro ular bo‘lishgan, Libosim uchun qur’a tashlashgan. Mendan uzoq turma, ey Egam! Kuchim manbayi Sensan! Tez kel, yordam ber! Jonimni qilich damidan qutqar, Hayotimni ko‘ppaklar changalidan qutqar! Sherlar og‘zidan qutqargin meni! Yovvoyi buqalar shoxidan asragin meni! Sen iltijoimga javob berding. Birodarlarimga Sen haqingda aytaman, Jamoa orasida Senga hamdu sano o‘qiyman. Ularga shunday deyman: “ Egamizga hamdu sano ayting, ey Undan qo‘rqqanlar! Egamizni ulug‘lang, ey Yoqub nasli! Egamizni izzatlang, ey Isroil nasli! Kulfatda qolganning qayg‘ularidan Egamiz nafratlanmagan yo hazar qilmagan. Balki undan yuz o‘girmasdan, Nola qilganda, Egamiz eshitgan.” Ulug‘ jamoa ichra Hamdu sano aytishimning sababi Sensan. Sendan qo‘rqqanlar oldida ontimni ado etaman. Ey Egam, qashshoqlar yeb to‘yadilar, Senga yuz burganlar Seni madh qiladilar, Ular dunyo turguncha tursinlar! Egamizni eslab, Unga yuz bursinlar Yer yuzidagi jamiki insonlar! Jamiki urug‘u elatlar Unga sajda qilsinlar! Egamiz hokimi mutlaqdir, Elatlar ustidan U hukmrondir. Jamiki boylar ham ziyofat yeb, unga ta’zim qiladi. Tuproq ostiga ketayotganlar ham Unga sajda qiladi, Hatto o‘z hayotini saqlay olmaydiganlar ta’zim qiladi. Avlodlar Unga xizmat qiladi, Kelgusi nasllar Rabbiy haqida eshitadi. Ular kelib Egamizning najoti haqida e’lon qiladi, Uning qilganlarini hali tug‘ilmagan xalqlarga aytadi. Dovud sanosi. [1] Egam Mening cho‘ponimdir. Muhtojlik ko‘rmasman. Yam–yashil yaylovlarda U menga orom beradi, Sokin irmoqlar bo‘yida U meni yetaklaydi. U menga qayta kuch baxsh etadi. O‘zining nomi haqi–hurmati Meni to‘g‘ri so‘qmoqlardan yetaklaydi. Ey Egam! Hatto zulmat vodiysida yursam ham, Xavf–xatardan qo‘rqmayman, Axir, Sen men bilan birgasan. Sening cho‘pon tayog‘ing, Xiviching meni himoya qiladi. Dushmanlarimning ko‘z o‘ngida Men uchun dasturxon tuzaysan. Boshimga moy surtib, Sen meni hurmat bilan kutib olasan. Mening kosam ham to‘lib–toshgan. Umrim bo‘yi faqat inoyatu shafqating izimdan yuradi, Ey Egam, Sening uying to abad mening maskanim bo‘ladi. Dovud sanosi. [1] Egamiznikidir zamin, undagi butun borliq, Olamu unda yashovchi jamiki jonzot. U olamni o‘rnatgan dengizlar uzra, Mustahkam qilgan uni ummonlar uzra. Kim turishi mumkin Egamizning muqaddas makonida? Kim chiqishi mumkin Uning tepaligiga? Qo‘li halol, qalbi toza insonlar, Soxta narsalarga ko‘ngil qo‘ymaganlar, Yolg‘ondakam ont ichmaganlar. Egamiz ularga baraka beradi, Najotkor Xudo ularni oqlaydi. Egamizga yuz burgan jamoa o‘shandaydir. Ha, Xudoga intilgan Yoqub nasli shundaydir. Qaddingizni rostlang, ey darvozalar! Ochilinglar, ey azaliy eshiklar! Toki kira qolsin ulug‘vor Shoh! U ulug‘vor Shoh kim ekan? Kuchli, qudratli Egamiz, Janglarda qudratli Egamiz, U Shohdir! Qaddingizni rostlang, ey darvozalar! Ochilinglar, ey azaliy eshiklar! Toki kira qolsin ulug‘vor Shoh! U ulug‘vor Shoh kim ekan? Sarvari Olamdir U. Uning O‘zi ulug‘vor Shohdir. Dovud sanosi. [1] Yuragimni ochaman Senga, ey Egam! Senga umid bog‘layman, ey Xudoyim! Sharmanda bo‘lishimga yo‘l qo‘ymagin, Dushmanlarim mendan ustun kelmasin. Senga ishonganlar aslo bo‘lmasin sharmanda. Sharmandalik kelsin Senga asossiz xiyonat qilganlarning boshiga. Ey Egam, yo‘llaringni menga ko‘rsat, So‘qmoqlaringni menga o‘rgat. Haqiqating yo‘lidan meni boshlab o‘rgatgin, Najotkorim Xudo O‘zingsan, Kun bo‘yi Sendan umid qilaman. Yodingda tut, ey Egam, buyuk shafqatingni Ham sevgida sodiqligingni. Axir, azaldan Sen shunday qilgansan. Esga olma yoshlikdagi gunohlarimni Hamda qilgan itoatsizliklarimni. Sodiq sevging haqi yodga ol meni, Axir, Sen yaxshisan, ey Egam! Egamiz yaxshi, adolatlidir! U gunohkorlarga yo‘l–yo‘riq ko‘rsatadi. U kamtarni to‘g‘rilikka boshlaydi, Kamtarin insonni O‘z yo‘liga o‘rgatadi. Egamiz qilgan har ishi orqali Uning ahdiga rioya qilganlarga Sodiq sevgisini ko‘rsatadi. Mening ayblarim ko‘p. Ey Egam, O‘z noming haqi Ayblarimni kechirgin. Agarda inson Egamizdan qo‘rqsa, U tanlaydigan yo‘lni Egamiz o‘rgatadi. O‘sha inson umrini farovonlikda o‘tkazadi, Uning nasli yurtni mulk qilib oladi. Egamiz Undan qo‘rqadiganlarga O‘z niyatlarini ishonib bildiradi, O‘z ahdini ularga ma’lum qiladi. Nigohim doimo Egam tomondadir, U oyoqlarimni tuzoqdan xalos qiladi. Ey Egam, holimga boq, mehribonlik qil. Men yolg‘izman, tushkunlikka tushganman. Yurakdagi g‘amlarim ortib bormoqda, Shu kulfatdan meni qutqargin. Kulfatu g‘amlarimni ko‘rib, Barcha gunohlarimdan o‘tgin. Qara, dushmanlarim naqadar ko‘p, Mendan qattiq nafrat qilarlar. Hayotimni asra, qutqargin meni, Sharmandali ahvolga solmagin meni, Zotan, Senda panoh topaman men. Haqqoniylik, to‘g‘rilik saqlasin meni, Zotan, Sendan umid qilaman men. Ey Xudo, qutqargin Isroilni Jamiki kulfatlaridan! Dovud sanosi. [1] Ey Egam, to‘g‘ri yurganim uchun Meni oqlagin. Qoqilmasdan Senga tayandim. Sinab, imtihon qil meni, ey Egam! Yuragimni, niyatimni sinab ko‘r! Sening sodiq sevging ko‘z o‘ngimdadir, Senga doim sodiqman. Yolg‘onchilarga men sherik bo‘lmayman, Munofiqlar bilan do‘st bo‘lmayman. Fosiqlar to‘dasidan nafrat etaman, Qabihlarga men sherik bo‘lmayman. Namoyon qilmoq uchun aybsizligimni Qo‘llarimni yuvaman, ey Egam. Qurbongohing atrofida yuraman, Baland ovoz ila shukrona qo‘shig‘ini kuylayman, Jamiki mo‘jizalaring haqida aytaman. Ey Egam, sevaman Sen maskan qilgan uyni, Ulug‘vorliging porlagan joyni. Gunohkorlar qatori jonimni olma, Qonxo‘rlar qatori hayotimga chek qo‘yma. Ularning qo‘llari tuzadi yovuz reja, O‘ng qo‘llari poraga to‘la. Men esa pok hayot kechiraman, Qutqar meni, qil menga shafqat. Oyoqlarimni chakki bosmayman, Ey Egam, ulug‘ yig‘inlarda Seni olqishlayman. Dovud sanosi. [1] Egam nurim va najotimdir, Kimdan men qo‘rqardim?! Egam hayotimning qal’asidir, Kim meni qo‘rqita olar?! Tanasini g‘ajiylik, deb Yovuzlar mening ustimga bostirib kelganda, Ha, g‘animu dushmanlarim menga hujum qilganda, Qoqilib, yiqilib tushadilar. Hatto butun lashkar meni o‘rab olsa ham, Yuragimda aslo qo‘rquv paydo bo‘lmas. Hatto menga qarshi jangga otlansa ham, Ishonchim hech ham yo‘qolmas. Bir narsani Egamdan so‘raganman, Ha, Undan istaganim bitta narsadir: Egamning uyida to abad yashay, Egamning jamolini ko‘ray, Ma’badda turib, Unga muntazir bo‘lay. Kulfatda qolgan kunlarimda U meni O‘z chaylasida omon saqlaydi. Chodiri ostida meni yashiradi, Baland qoya tepasiga o‘tqazib qo‘yadi. Endi esa har tarafdagi g‘animlarim ustidan Boshim mag‘rur ko‘tarilgandir. Shodlikdan hayqirib, Egamning chodirida qurbonlik keltiraman. Egamni kuylab, qo‘shiq aytaman. Eshitgin, ey Egam, iltijo qilganimda, Shafqat qilgin, javob ber menga. “Menga intil!” deganingni qalbim eshitdi, Ha, ey Egam, men Senga intilaman. Yuzlaringni mendan yashirmagin, G‘azab ila men, O‘z qulingdan voz kechmagin, Madadkorim Sen bo‘lgansan–ku, ey Egam. Rad etma, tark aylama meni, ey najotkorim Xudo! Ota–onam meni tark etsa hatto, Ey Egam, Sen meni qabul qilasan. Yo‘lingni menga ko‘rsat, ey Egam, Dushmanlarim poylab turgani uchun Meni to‘g‘ri so‘qmoqlaringdan yetakla. G‘animlarim qo‘llariga topshirma meni. Axir, soxta guvohlar, nohaq ayblovchilar Menga qarshi chiqdilar. Shubham yo‘q, tiriklar diyorida Egamning ezguligini albatta ko‘raman. Egamizga umid bog‘la, Dadil bo‘l, yuragingga dalda ber, Egamizga umid bog‘la! Dovud sanosi. [1] Senga iltijo qilaman, ey Egam, Meni eshitmay qolmagin, ey suyangan Qoyam. Agar menga gapirmay sukut saqlasang, Qabrga tushgan odam kabi bo‘lib qolaman. Eshitgin, Senga iltijo qilaman. Muqaddas maskaningga qo‘llarimni cho‘zib, Faryod qilib, Sendan madad so‘rayman. Meni fosiqlarning qatoriga qo‘shmagin, Ularning qilmishlari yomonlikdir, Qo‘shnilariga tilyog‘lamalik qiladi, Yuraklarida esa yovuz niyatdir. Qilmishiga yarasha ularni jazolagin, Iflosliklariga yarasha jazo bergin. Qabih ishlariga yarasha jazolagin, Xizmatiga yarasha ularga qaytargin. Ey Egam, ular ishlaringni qadrlamas, Sening ijodingga e’tibor qilmas, Sen ularni yiqitasan, Ular qaytib tiklanolmas. Olqishlar bo‘lsin Egamizga, Iltijolarimni U eshitdi. Egam — mening qudratim, qalqonimdir, Yurakdan Unga umid bog‘laganman. Egam menga madad berdi, baxtiyorman. Qo‘shig‘im ila Unga shukrona aytaman. Egamiz O‘z xalqining qudratidir, O‘zi tanlagan shohning najot qo‘rg‘onidir. Xalqingga najot ber, ey Egam, O‘z elatingga baraka bergin. Ularning cho‘poni bo‘lgin, To abad ularga g‘amxo‘rlik qilgin. Dovud sanosi. [1] Egamizga hamdlar ayting, ey ilohiy zotlar, Egamizning qudratiyu shuhratiga hamdlar o‘qing. Egamizning sharafiga hamdlar o‘qing, Muqaddas libosda Egamizga sajda qiling! Egamizning ovozi suvlar uzra eshitiladi, Ulug‘vor Xudo guldirab sado beradi. Ha, azim suvlar uzra Egamiz guldirab sado beradi. Egamizning ovozi qudratlidir, Egamizning ovozi haybatlidir. Egamizning ovozi sadr daraxtlarini qulatadi, Hatto Lubnondagi sadr daraxtlarini parchalab tashlaydi. Lubnon tog‘larini Egamiz buqaday sakratadi, Ha, Xermon tog‘ini yovvoyi buzoqday sakratadi. Egamizning ovozi chaqmoq chaqtiradi, Egamizning ovozi sahroni titratadi, Egamiz Kadesh sahrosini larzaga soladi. Egamizning ovozi ulkan daraxtlarni egib yuboradi, O‘rmonlarni yalang‘ochlab, shilib yuboradi, “Egamiz ulug‘vordir”, deb Ma’badida hamma kuylaydi. Egamiz to‘fon uzra taxt qurgan edi, Egamiz abadiy Shoh kabi taxt qurgan. Egamiz O‘z xalqiga kuch ato etsin, O‘z xalqiga tinchlik bilan baraka bersin. Dovud sanosi. Egamizning uyi bag‘ishlangan paytda aytilgan qo‘shiq. Ey Egam, Seni ulug‘layman! Qabr og‘zidan meni qutqarding, Dushmanlarim mening ustimdan kulishiga yo‘l qo‘ymading. Sendan madad so‘rab yolvordim, ey Egam Xudo, Menga Sen berding shifo. Ey Egam, o‘liklar diyoridan jonimni olib chiqding, Qabrga kirayotganimda meni qutqarding. Ey Egamizning taqvodorlari! Egamizga hamdu sano kuylanglar, Uning muqaddas nomini olqishlang. Egamizning g‘azabi bir lahza davom etadi, Lutfu karami bir umr tugamasdir. Shu bois qayg‘u–alam tun bo‘yi davom etsa ham, Tong bilan birga shodlik ham kirib keladi. Ishlarim yurishganda, “Aslo qoqilmasman!” der edim. Ey Egam, lutfu karaming bilan Meni tog‘day mustahkam qilganding. Ammo yuzingni o‘girganingda, Men dahshatga tushdim. Ey Egam, men Senga iltijo qildim, Shafqat so‘rab, ey Rabbiy, Senga yolvordim: Agar men kirib ketsam qabrga, Mening o‘limimdan ne foyda Senga?! Tuproq Senga hamdu sano aytarmi?! Sening sodiqligingni u so‘ylarmi?! Eshit, ey Egam, menga rahm qilgin, Ey Egam, menga madadkor bo‘lgin! Azamni Sen to‘yga aylantirding, Aza libosini egnimdan olib tashlading, Shodlikni menga kiygizding. Qalbim sukut saqlamay, Seni kuylab sano o‘qisin, Ey Egam Xudo, Senga to abad shukr aytaman. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Ey Egam, Senda men panoh topaman, Sharmanda bo‘lishimga aslo yo‘l qo‘yma, Adolatlisan, meni qutqargin. Menga quloq tut, darrov qutqargin meni, Mening panoh qoyam bo‘lgin. Najot topay, mustahkam qo‘rg‘on bo‘lgin. Chindan ham Sen suyangan qoyamsan, qal’amsan, O‘z noming haqi meni yetakla, yo‘l ko‘rsatgin. Sen mening panohimsan. Qo‘yilgan tuzoqdan meni qutqargin. Hayotimni Senga topshiraman, ey Egam, Meni qutqarding, ey sodiq Xudo. Soxta xudolarni izzatlaganlarga Men nafratimni sochaman. Ey Egam, men Senga umid bog‘layman. Sodiq sevging ila shod–xurram bo‘lay, Qayg‘ularimni O‘zing ko‘rgansan, Jonim azobda qolganin bilasan. Meni g‘anim qo‘liga bermading, Oyoqlarimni bexavotir yerga qo‘yding. Rahm qil, ey Egam, kulfatda qoldim, Ko‘zlarim qayg‘udan toldi, Jonu tanam adoyi tamom bo‘ldi. Hayotim azob bilan tugaydi, Yillarim oh–voh bilan bitadi. Gunohlarimdan kuchim tugaydi, Suyaklarim qurib bitadi. Dushmanlarim meni haqorat qiladi, Qo‘shnilarim mendan hazar qiladi. Do‘stlarim ham mendan qo‘rqadi, Ko‘chada ko‘rib meni, qochib ketadi. Meni unutdilar, go‘yo o‘lganman, Go‘yo singan sopol idish kabiman. Eshityapman, ko‘pchilik g‘iybat qiladi, Atrofimni dahshat o‘rab olgan. Birgalikda menga qarshi fitna to‘qishadi, Meni o‘ldirmoqni niyat qilishadi. Ey Egam, men Senga umid bog‘layman, “Mening Xudoyim Sensan”, deb aytaman. Hayotim Sening qo‘lingdadir, G‘animlarim qo‘lidan, Payimga tushganlardan meni qutqargin. Jamoling men, qulingga nurlarini sochsin, Sen sodiqsan, meni qutqargin. Yo‘l qo‘yma, ey Egam, sharmanda bo‘lishimga, Madad so‘rab iltijo qildim Senga. Qabihlar sharmandayi sharmisor bo‘lsin, O‘liklar diyoriga jim kirib borsin. O‘chsin ularning yolg‘onchi ovozlari, Zero, takabburlik ham nafrat bilan Ular solihga qarshi so‘ylar. O, naqadar buyukdir Sening ezguliging! O‘zingdan qo‘rqqanlarga uni saqlab qo‘ygansan, Senda panoh topganlarga hadya qilasan, Hammaning ko‘z oldida in’om qilasan. Huzuringda ularni himoya qilasan, Inson fitnalaridan omon saqlaysan. Ularni O‘z chodiring ostida Ig‘volardan saqlab turasan. Qamalda qolgan shaharday bo‘lganimda Menga ajoyib sadoqatingni ko‘rsatganing uchun Ey Egam, Senga olqishlar bo‘lsin! Vahimaga tushib men: “Ey Egam, Sening nazaringdan mahrum bo‘ldim”, degandim. Ha, madad so‘rab Senga yolvorganimda Iltijolarimni eshitding. Ey Egamizning taqvodorlari, Uni seving! O‘ziga sodiq bo‘lganlarni U himoya qiladi, Takabburlarga to‘liq jazo beradi. Bardam bo‘ling, dadil bo‘lsin yuragingiz, Ey siz, Egamizdan umid qilganlar! Dovud qasidasi. [1] Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir, Egamiz kimning gunohidan o‘tgan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir. Egamiz kimning aybini yozmagan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir, Ruhida hiyla bo‘lmaganlar baxtlidir. Ey Egam, gunohimni bo‘ynimga olmay, rad qilganimda, Tanam qoq suyak bo‘lib qolgandi, Kun bo‘yi oh–voh qilib chiqardim. Kecha–kunduz qo‘ling ustimda og‘ir yuk bo‘ldi, Saraton issig‘idagiday madorim qurib qoldi. Endi oldingda gunohimni e’tirof etdim, Aybimni yashirmay, o‘zim aytdim: “Egam oldida itoatsizligimni bo‘ynimga olaman.” Sen esa mening gunohimni kechirding. Shu bois har bir taqvodor Vaqt borida Senga ibodat qilsin. Shunda azim suvlar to‘foni Taqvodorlarga yetib bormas. Sen mening panohimsan, Meni kulfatlardan Sen asraysan, Najot qo‘shig‘i ila meni o‘raysan. Egamiz aytar: “Sizlarga Men yo‘l ko‘rsataman, Yuradigan yo‘llaringizni o‘rgataman, Maslahat beraman, sizlarni kuzataman. Ongsiz ot yoki xachir kabi bo‘lmanglar, Ularni yo‘lga solmoq uchun suvluq, jilov kerak, Bo‘lmasa ular yoningizga kelmaydi.” Fosiqning azobi ko‘pdir, Lekin Egamizdan umidvorlarni Sodiq sevgi qurshab oladi. Ey solihlar, Egamiz tufayli shodlaning, quvoning! Ey barcha ko‘ngli poklar, shodlikdan kuylang! Sevinch ila Egamizga qo‘shiq kuylang, ey solihlar! Unga hamdu sano aytmoq to‘g‘ri odamlarga munosibdir! Lira chalib, Egamizga hamdlar ayting, O‘n torli arfa chalib, Unga qo‘shiq kuylang. Egamizga yangi bir qo‘shiq ayting, Mahorat ila tor chalib, shodlikdan hayqiring. Egamizning kalomi haqiqatdir, Uning barcha ishlari ishonchlidir. Egamiz adolatu haqiqatni sevadi, Zamin Uning sodiq sevgisiga to‘la. Samolar bunyod bo‘lgan Egamizning kalomidan, Samodagi jismlar yaralgan Uning nafasidan. U dengiz suvlarini yig‘ib qo‘ygan, Tubsiz suvlarni go‘yo omborga joylab qo‘ygan. Butun yer yuzi Egamizdan qo‘rqsin, Butun olam ahli Undan hayiqsin. U gapirdi, aytgani mavjud bo‘ldi, Amr qildi, zamin yaratildi. Egamiz xalqlarning rejalarini parokanda qiladi, U xalqlarning niyatlarini puchga chiqaradi. Egamizning rejalari to abad sobit turadi, Uning niyatlari nasldan–naslga o‘tib boradi. Egamizni o‘z Xudosi, deb bilgan xalq baxtlidir! O‘z mulkim, deb Egamiz tanlagan xalq baxtlidir! Egamiz samodan boqar, Inson zotini U ko‘rib turar. U taxt qurgan joyidan turib, Hamma yer yuzida yashovchilarni kuzatar. U hammaning yuragini yaratgan, Hammaning ishlarini anglagan. Lashkari ko‘pligidan shoh qutulmaydi, Kuchi ko‘pligidan jangchi g‘olib bo‘lavermaydi. “Jang otlari najot berar” deyish puch xayoldir, Ular qudratli kuchi bilan qutqara olmaydi. Egamiz ko‘rib turar O‘zidan qo‘rqqanlarni, Uning sodiq sevgisiga umid qilganlarni. Egamiz ularni o‘limdan qutqaradi, Ochlikdan saqlab, tirik qoldiradi. Jonimiz Egamizga muntazirdir, U bizning madadkorimiz, qalqonimizdir. Biz muqaddas Xudoga umid bog‘laymiz, U tufayli yuragimiz shodlikka to‘la. Ey Egam! Senga hamon umid bog‘laymiz, Sodiq sevging bizga yor bo‘lsin. Abumalek oldida o‘zini telbalikka solib, uning huzuridan quvilgan paytda Dovudning aytgan sanosi. Har doim Egamni olqishlayman, Uning madhi tilimdan aslo tushmaydi. Egam bois jonim faxrlanadi, Mazlum eshitib, shod bo‘lsin. Men bilan birga ulug‘lang Egamni, Birgalikda sharaflaylik Uni. Egamga yuz burdim, U javob berdi, Hamma qo‘rquvlardan U xalos qildi. Egamizdan umid qilganlarning yuzlarida nur, Ularning yuzlari aslo shuvut bo‘lmaydi. Bu bechora iltijosin Egamiz eshitdi, Barcha uqubatlardan uni qutqardi. Egamizdan qo‘rqqanlarning atrofida Egamizning farishtasi qarorgoh qurib, Ularga najot baxsh etadi. Egamizning muruvvatini tatib ko‘r, Egamiz yaxshidir, bilib ol. Naqadar baxtlidir Unda panoh topganlar. Ey taqvodorlar, Egamizdan qo‘rqing. Undan qo‘rqqanlar aslo muhtojlik ko‘rmas. Hatto yirtqich shervachchalar ovqatsiz, Ular ochlikdan azob chekadi. Egamizga yuz burganlardan esa Farovonlik ayrilmaydi. Keling, ey bolalar, tinglangiz meni, O‘rgatayin men Egamizdan qo‘rqishni. Hayotdan zavqlanishni, Baxtli uzoq umr ko‘rishni istaysizmi? Demak, tilingizni yomon so‘zlardan tiying, Og‘zingizni yolg‘on gaplardan asrang. Yomonlikdan qayting, yaxshilik qiling, Tinchlik istang, ha, tinchlik payida bo‘ling. Egamiz solihlarni kuzatib turadi, Ularning nolasini Egamiz eshitadi. Badkirdorlardan esa yuz o‘giradi, Ularning xotirasini yer yuzidan o‘chiradi. Taqvodorlar yolvoradi, Egamiz eshitadi, Barcha balolardan ularni Egamiz qutqaradi. Ko‘ngli cho‘kkanlarga Egamiz yaqindir, Ruhan ezilganlarni U qutqaradi. Solihlarning qayg‘ulari ko‘p bo‘lsa, Hamma qayg‘ulardan Egamiz xalos qilar. Ularning o‘zini Egamiz saqlaydi, Bironta ham suyagi sindirilmaydi. O‘z yovuzligi fosiqqa o‘lim keltiradi, Solihdan nafratlangan mahkum bo‘ladi. Egamiz O‘z qullarining hayotini qutqaradi, Egamizda panoh topuvchilar mahkum bo‘lmaydi. Dovud sanosi. [1] Ey Egam, menga qarshi chiqqanlarga O‘zing qarshi bo‘l. Menga hujum qilganlar bilan O‘zing jang qil. Qalqonu sovutingni ol, Qani, menga yordamga kel. Meni ta’qib qilganlarga qarshi Nayzayu boltangni olgin. “Senga najot beraman”, deb O‘zing menga va’da bergin. Mening jonimga qasd qilganlar Sharmandayu sharmisor bo‘lsin! Menga qarshi fitna qilayotganlar Uyatga qolib, orqaga qaytsin! Xuddi shamolda uchgan somon singari, Ey Egam, Sening farishtang ularni quvsin. Qorong‘u sirpanchiq bo‘lsin ularning yo‘li, Ey Egam, Sening farishtang ularni quvsin. Sababsiz menga tuzoq qo‘ydilar, Meni tutib olib o‘ldirmoq uchun Sababsiz menga chuqur qazidilar. To‘satdan ularning boshiga halokat kelsin, Qo‘ygan tuzog‘iga o‘zlari o‘ralib qolsin, Qazigan chuqurga o‘zlari yiqilib, bitsin. Shunda, ey Egam, Sen tufayli shod bo‘laman, Najot berganing uchun quvonaman. Butun vujudim xitob qiladi: “Senga o‘xshashi yo‘q, ey Egam, Bechorani zo‘ravondan qutqarasan, Faqirni talonchidan qutqarasan.” Yovuz niyatli guvohlar paydo bo‘ladi, Bilmaydigan narsalarimni mendan so‘raydi. Ular yaxshiligimga yomonlik qaytaradi, O‘zimni tamom yolg‘iz his qilaman. Ular xasta bo‘lganlarida esa Men qanor kiyib, ro‘za tutib, qayg‘u chekardim. Boshimni quyi solib, ibodat qilardim. Do‘stim, birodarim, deya tashvish tortardim, Onam uchun aza tutgan kabi yurardim, Qayg‘udan boshimni egib yurardim. Qoqilganimda esa ular shod bo‘ldilar, Menga qarshi yig‘ilishib keldilar, Bexabar ekanman, ular kallakesar ekan, To‘xtovsiz menga bo‘hton qildilar. Shakkoklarday ayovsiz masxara qildilar, Menga qarab tishlarini g‘ijirlatdilar. Ey Egam, qachongacha qarab turasan? Qutqargin meni ularning hujumidan, Xalos qilgin jonimni o‘sha sherlardan! Buyuk jamoa ichra Senga shukr aytaman, Xalq yig‘inlarida Senga hamdlar o‘qiyman. Xoin dushmanlarim ustimdan kulmasinlar, Mendan sababsiz nafrat etganlar Ko‘zlarini o‘ynatmasinlar. Tinchlik so‘zini og‘izga olmas ular, Ammo yurtda tinch yashayotganlar ustidan Yolg‘on so‘zlarni o‘ylab toparlar. Menga qarshi shang‘illab aytarlar ular: “Ah–a, ko‘zlarimiz bilan ko‘rdik qilmishlarini.” O‘zing ko‘rgansan, ey Egam, sukut saqlama! Ey Rabbiy, mendan hech uzoqlashma! Qani, bo‘l, himoya qilgin meni, Men uchun jang qilgin, ey Xudoyim, Rabbim! Sen odilsan, ey Egam Xudo, Shu bois meni oqlagin. Dushmanlarim aslo ustimdan kulmasin. Ular o‘zlariga o‘zlari: “Ah–a, istaganimiz bo‘ldi–ku!” deb aytmasin. “Uni yutib yubordik–ku”, demasin. Kulfatlarimdan zavqlanganlarning hammasi Sharmandayu sharmisor bo‘lsin. Mendan o‘zlarini yuqori qo‘yganlar Sharmandalik, badnomlikka o‘ralsin. Men haq bo‘lib chiqishimni istaganlar Xursand bo‘lsin, sevinch ila kuylasin. Har doim aytaversin ular: “Qulining saodatidan huzurlangan Egamiz tobora yuksalaversin.” Odilliging haqidagi so‘zlaru madhing Kun bo‘yi tilimdan tushmaydi. Ijrochilar rahbariga. Egamizning quli Dovud sanosi. Fosiqlarning gunohkorligi haqida Yuragimda bir bashorat bor: Gunohkor Xudodan qo‘rqmaydi. O‘zining nazdida u osmonda yuradi, Xudo gunohimni ko‘rmaydi, Hukm qilmaydi, deb aytadi. Og‘zidan manfur, yolg‘on so‘zlar chiqadi, Donolikdan, yaxshi ishlar qilishdan u bosh tortadi. Hatto yotganda ham fosiqlikni o‘ylaydi, Gunoh yo‘lga o‘zini bag‘ishlaydi, Fosiqlikdan aslo yuz o‘girmaydi. Ey Egam, sodiq sevging falaklarga yetgaydir, Ey Egam, sadoqating samolarga cho‘zilgaydir. Odilliging buyuk tog‘larga o‘xshaydi, Adolating tubsiz dengizga o‘xshaydi, Ey Egam, insonu jonivorlarni Sen saqlagaysan. Sodiq sevging, ey Xudo, naqadar bebahodir! Qanotlaring soyasida insonlar panoh topadi. Ular uyingdagi ne’matlardan yeb to‘yadi, Lazzat to‘la daryongdan ularga ichirasan. Hayotning bulog‘i Sendadir, Ziyo olurmiz Sening nuringdan. Seni bilganlarga sodiq sevgingni ko‘rsat, Yuragi soflarga O‘zing najot bergin. Takabburning oyog‘i meni ezmasin, Fosiqning qo‘llari meni haydamasin. Ana, badkirdorlar ag‘anab yotibdi, Qaddini ko‘tara olmay, yerga qapishib yotibdi. Dovud sanosi. [1] Fosiqlarga g‘ayirlik qilmagin, Badkirdorlarga hasad qilmagin. Ular maysaday tezda qurib qoladi, Yam–yashil o‘tday tezda so‘lib qoladi. Egamizga umid bog‘lab, yaxshilik qilgin, Shu yurtda yashab, halovat topgin. Egamizni o‘zingning shodliging deb bil, Ko‘nglingdagi orzularingga U yetkazadi. Yo‘llaringni topshirgin Egamizga, Ishon Unga, U madad beradi. Solihligingni U tong kabi porlatadi, Haqligingni kunduzgi quyosh kabi qiladi. Sabrli bo‘l, muntazir bo‘l Egamizga, G‘ayirlik qilmagin yo‘llarini topganlarga, Fosiq niyatlarin amalga oshirganlarga. G‘azabdan o‘zingni tiy, qahrdan qaytgin, Ich–etingni yema, bu faqatgina zararga olib boradi. Yovuzlar yo‘q qilib tashlanadi, Egamizdan umidvorlar yurtga egalik qiladi. Tez orada fosiqlarning kuni bitadi, Sen har qancha qidirmagin, Ularni bu yerdan topa olmaysan. Beozorlar esa yurtga egalik qiladi, Mo‘l baxt–saodatdan bahramand bo‘ladi. Fosiq solihlarga qarshi fitna qiladi, Ularga qarshi tishlarini g‘ijirlatadi. Rabbiy fosiqlarni masxara qiladi, Ularning kuni bitayotir, buni Rabbiy biladi. Fosiq qilichini sug‘urib, kamonini bog‘laydi, Bechora, mazlumni yiqitishga shaylanadi, To‘g‘ri odamlarni o‘ldirmoq istaydi. Ammo qilichlari o‘zlarining boshini yeydi, Kamonlari ham parcha–parcha bo‘lib ketadi. Solihning qo‘lidagi oz narsa afzal, Jamiki fosiqning boyligidan ko‘ra. Fosiqning kuchi qirqilib ketadi, Solihni esa Egamiz qo‘llab–quvvatlaydi. Aybsizlarning ehtiyoji Egamiz e’tiborida, Ularning mulki to abad davom etadi. Qaro kunlarda ham ular zavol topmaydi, Qahatchilik kunlarda ham farovon yashaydi. Fosiqlar esa albatta halok bo‘ladi, Egamiz g‘animlari qirdagi gullarday quriydi, Ular tutun kabi tarqalib, yo‘q bo‘lib ketadi. Fosiq qarz oladi–yu, qaytarib bermaydi, Solih esa himmat ila in’om qiladi. Egamiz baraka bergan insonlar yurtni egallaydi, Egamiz la’natlagan odamlar esa yo‘q bo‘lib ketadi. Egamiz insonning yo‘lidan mamnun bo‘lsa, Uning qadamlarini sobit qiladi. Hatto qoqilsa ham yiqilib tushmaydi, Egamiz madad berib, qo‘lidan ushlaydi. Men ham yosh edim, endi keksaydim, Solihlarning tark etilganini, Ularning zurriyoti non tilaganini ko‘rmadim. Ular doim himmat ila qarz beradi, Farzandlari ham baraka topadi. Fosiqlikni tashla, yaxshilik qilgin, Toki yurtda to abad maskan qilgin. Zotan, Egamiz yaxshi ko‘radi adolatni, Tark etmaydi taqvodorlarni, Ularni to abad himoya qiladi, Fosiqlar naslini qirib tashlaydi. Solih yurtga egalik qiladi, Bu yurtda to abad istiqomat qiladi. Solihning og‘zi donolikdan so‘zlaydi, Uning tili adolatni so‘ylaydi. Yuragida Xudosining qonuni joy olgan, Shuning uchun qadamida adashmaydi. Fosiq solihni doim kuzatadi, Uni o‘ldirmoqni mo‘ljallab yuradi. Egamiz solihni fosiqning ixtiyoriga topshirmaydi, Hukmga olib kelinganda, solih mahkum bo‘lmaydi. Egamizdan umid qil, Uning yo‘llarini tutgin, U seni yuksaltiradi, bu yurtni egallaysan, Fosiqning qirilib ketishini sen ko‘rasan. Ko‘rganman fosiq, zolim odamning O‘z yurtida yam–yashil daraxtday unganini. Ko‘p o‘tmay u o‘tib ketdi, yo‘q bo‘ldi, Qancha qidirsam ham, topa olmadim. Aybsizga e’tibor ber, sofdilni kuzat, Tinchlikparvarning istiqboli yorqin. Gunohkorlarning hammasi qirilib bitadi, Fosiqning kelajagi barham topadi. Solih kishi Egamiz tufayli najot topgaydir, Kulfat chog‘i Egamiz solihning qal’asidir. Egamizdan panoh topgani uchun Solihga Egamiz madad beradi, uni qutqaradi, Fosiqdan omon saqlaydi, unga najot beradi. Dovud sanosi. Bizni Egamizning yodiga solish uchun aytilgan. Ey Egam! G‘azab bilan menga tanbeh bermagin, Qahring sochib, menga jazo bermagin. O‘qlaring ichlarimni teshib o‘tdi, Qo‘llaring ustimga bosib tushdi. Butun tanam xastadir g‘azabingdan, Sog‘ligim yo‘qolgan gunohlarim dastidan. Ayblarim meni juda ham ezadi, Ular juda og‘ir yukka o‘xshaydi. Aqlsizligim dastidan Yaralarim sasib, yiringlab oqyapti. Juda egilib, bukchayib qoldim, Kun bo‘yi g‘amgin yuraman. Ichim isitmadan otash bo‘lib yonmoqda, Tanamda bironta sog‘ joy yo‘q. Sillam qurib, tamom ezildim, Yurakdagi alamdan nola qilaman. Yuragim tubidagi istaklarim Ey Rabbiy, O‘zingga ravshan, Ohu nolam Sendan yashirin emas. Yuragim titraydi, quvvatim ketdi, Ko‘zlarimning nuri adoyi tamom bo‘ldi. Do‘st–yoronlarim dardim tufayli oldimdan qochadi, Tug‘ishganlarim aslo yonimga kelmaydi. Jonimga qasd qilganlar menga tuzoq qo‘yadi, Menga zarar istaganlar kulfatdan so‘z ochadi, Kun bo‘yi yolg‘on so‘ylab, fitna qiladi. Men esa karga o‘xshayman, eshitmayman, Soqovga o‘xshayman, gapira olmayman. Chindan ham men soqovga o‘xshayman, Tili qotib qolgan odamdayman. Ey Egam, Umidim yolg‘iz Sensan, Ey Egam Xudo, javob beradigan Sensan. Ey Egam: “Holimni ko‘rib, dushmanlarim shodlanmasin, Oyoqlarim qoqilganda, o‘zlarini katta tutmasin”, deya Senga ibodat qildim. O‘zim ham yiqilay, deb turibman, Muttasil azob chekayotirman. Qilgan egriliklarim uchun tavba qilaman, Gunohlarim uchun tashvish tortaman. Ashaddiy dushmanlarim ko‘pdir, Sababsiz mendan nafrat etuvchilar son–sanoqsiz. Ular yaxshiligimga yomonlik ila javob beradi, Ezgulik ishlarim uchun meni ig‘vo qiladi. Ey Egam, meni aslo tark etmagin, Ey Xudoyim, mendan uzoq ketmagin. Menga yordam bergani shoshilgin, Ey mening najotkorim — Rabbiy! Ijrochilar rahbari Yodutunga. Dovud sanosi. O‘zimga o‘zim shunday deyman: “Yurar yo‘llarimni kuzatib boray, Gunoh so‘zdan tilimni tiyib yuray, Fosiqlar hamon o‘rab turarkan meni, Qulf urib yopib olay og‘zimni.” Jim turdim, sukut saqladim, So‘zlashdan bo‘yin tovladim, Oshib boraverdi dardim. Qizib ketaverdi ichlarim, O‘ylaganim sari o‘rtandi ko‘nglim, Oxiri kalimaga keldi tilim: “Ey Egam, umrim nihoyasini ayon qilgin, Qancha kunim qolganini ayon qilgin, Umrim qancha qisqaligini bilayin. Yelday o‘tib ketguvchi umr bergansan, Sening nazaringda umrim bir lahzadir, Har kimning umri bir nafaslikdir. Har kimning umri soyaday o‘tib ketar, Insonning harakati behuda bo‘lar, Boylik yig‘ar, lekin bilmas Kim boylikka egalik qilar. Kimdan men umid qilay endi, ey Rabbiy? Sendadir mening barcha umidim. Xalos qilgin meni gunohlarimdan, Kulmasin ahmoqlar mening ustimdan. Sukut saqlayman, og‘zimni ochmayman, Axir, Sen O‘zing meni shu ahvolga solding. Mendan ofatlaringni uzoq qilgin, Sening zarbalaringdan o‘lay, dedim. Gunohlari uchun insonni jazolab, Unga tanbeh berasan. Kuya yeganday aziz narsalarini yo‘q qilasan. Shubhasiz, inson bir nafasda o‘tib ketadi. Ey Egam, ibodatimni eshitgin, Nolayu faryodimga quloq solgin. Ko‘z yoshlarimga befarq bo‘lmagin. Axir, men Sening o‘tkinchi mehmoningman, Otalarim kabi musofirman. Qahrli nigohingni mendan o‘girgin, Toki yana xursand bo‘layin Bu olamdan o‘tib yo‘q bo‘lmasimdan oldin.” Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Men Egamizga umid bog‘ladim, U menga yuz burdi, faryodimni eshitdi. Meni balchiq chuqurdan, Botqoqlikdan chiqarib oldi. Eson–omon meni qattiq yerga o‘tqazdi, Qadamlarimni dadil qildi. U og‘zimga yangi bir qo‘shiq soldi, Bu qo‘shiq Xudoyimizga madhiyadir. Ko‘plar Uning ishlarini ko‘rib, qo‘rqadi, Va Egamizga umid bog‘laydi. Baxtlidir Egamizga umid bog‘laganlar, Kiborlarga suyanmaganlar, Butparastlardan yordam kutmaganlar. Ko‘p mo‘jizalar ko‘rsatding, ey Egam Xudo, Bizga qaratilgan ko‘p niyatlaringni bajarding. Biror zot Senga teng kela olmas, Og‘iz ochib, mo‘jizalaring haqida aytsam, Naqadar ko‘pligini sanay olmasdim. Sen qurbonligu nazrni istamading, Kuydiriladigan qurbonligu gunoh nazrini talab qilmading, Itoat qilishim uchun Sen quloqlarimni ochding. O‘shanda dedimki: “Mana, men keldim. Muqaddas Bitiklarda men haqimda yozilgan. Sening xohishingni ado etishdan zavq olaman, Ey Xudoyim, Sening qonuning yuragim to‘ridadir.” Ulug‘ jamoang ichra Najoting xushxabarini e’lon qilganman. Ha, ey Egam, O‘zing bilasan, Og‘zimga bir nafas ham dam bermaganman. Qutqarganingni yuragimda yashirmadim, Sodiqliging, najotingdan har kimga so‘yladim, Sevging, sadoqatingni buyuk jamoangdan sir tutmadim. Ey Egam, mendan shafqatingni darig‘ tutmagin, Sening sevging, sadoqating meni to abad saqlasin. Behisob ofatlar atrofimni o‘radi, Gunohlarim o‘zimning boshimga yetdi, Endi ko‘zlarim ko‘ra olmas, Gunohlarim boshimdagi sochimdan ko‘pdir, Endi jasoratim tamoman so‘ndi. Ey Egam, iltimos, menga najot ber, Kelgin tezda, ey Egam, menga madad ber. Jonimga qasd qilganlar Sharmandayu sharmisor bo‘lsin! Halokatimni istaganlar Uyatga qolib, orqaga qaytsin! “Holing qalay endi?!” deb meni masxaralaganlar Sharmanda bo‘lganidan vahimaga tushsin. Senga yuz burganlarning hammasi Sen tufayli sevinch, shodlikka to‘lsin. Sening najotingni sevganlar: “Egamiz buyukdir”, deb doimo aytsin. Men esa g‘arib, bechoraman, Ey Rabbiy, men haqimda o‘ylagin, Madadkorim, najotkorim O‘zingsan, Kechikmagin, ey Xudoyim! Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Baxtlidir bechorani o‘ylaydiganlar, Kulfatda qolganlarida Egamiz ularni qutqaradi. Egamiz ularni himoya qiladi, hayotini asraydi, Ular yurtdagi baxtlilardan hisoblanadi, Egamiz ularni dushmanlari ixtiyoriga topshirmaydi. To‘shakka mixlanib qolsa, Egamiz parvarish qiladi, Xastaligiga Egamiz shifo beradi. Shunday iltijo qildim Senga: “Ey Egam, shafqat qil menga, Gunoh qildim Senga, shifo bergin.” Dushmanlarim yovuz niyat ila shunday deydi: “Qachon o‘lar ekan u, nomi ham qachon o‘charkan?” Ular meni ko‘rgani kelganda, Yolg‘on–yashiq gaplarni gapiradi. Yuraklarida esa fisqu fasod tugib, Tashqariga chiqadi–da, Hamma joyda yoyib yuradi. Mendan nafratlanganlarning hammasi Menga zarar berishni reja qilishadi, Birlashib men haqimda pichir–pichir qilishadi: “Og‘ir xastalikka chalingan u, To‘shagidan qaytib tura olmaydi.” Hatto nonimni yegan yaqin, ishongan do‘stim, Menga qarshi bosh ko‘targan. Sen esa, ey Egam, menga rahm qil, Meni oyoqqa turg‘az. Qilmishlariga yarasha dushmanlarimga qaytaray. Dushmanlarim ustimdan g‘olib kelmasa, Mendan mamnun bo‘lganingni bilaman. To‘g‘riligim uchun meni saqlaysan, Huzuringda to abad meni o‘tqazasan. Olqishlar bo‘lsin abadulabad Isroil xalqining Xudosi — Egamizga! Omin! Omin! Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining qasidasi. Kiyik harsillab talpinganday suv irmoqlariga, Ey Xudo, jonim ham Senga talpinadi! Jonim tashna Xudoga, barhayot Xudoga, Qachon borib, Uning huzurida hozir bo‘laman? Ozig‘imdir kechayu kunduz ko‘z yoshlarim, “Qani Xudoying?” deya masxara qilar odamlar doim. Shodlik hayqiriqlariyu hamdu sanolar ostida Jamoa bilan birga Xudoning uyiga borardim. Bayram nishonlagani olomon bilan borardim. Shularni eslab, yuragim pora–pora bo‘lmoqda. Nega tushkunlikka tushasan, ey jonim? Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Xudoga umid bog‘la! Shukr etaman Yana Unga — najotkorim, Xudoyimga. Tushkunlikka tushib ketganman. Shu bois, ey Xudo, Seni Iordan diyoridan, Xermon tizmasidan, Mizor tog‘idan turib eslayman. O‘kirayotgan dengizlarday, Guvullayotgan sharsharalarday Sen yuborgan qayg‘u to‘lqinlari O‘tgandilar ustimdan bosib. Kunduzi Egam sodiq sevgisini ko‘rsatadi, Tunlari U menga qo‘shiq beradi, Menga umr bergan Xudoga ibodat qilaman. Xudoga, suyangan Qoyamga aytaman: “Nega meni unutib qo‘yding Sen?! Ne uchun g‘amga botib yurmog‘im kerak Dushmanlarim siquvi sababidan?!” Dushmanlarim haqoratidan suyaklarim zirqiraydi, Ular muttasil mendan: “Qani Xudoying?!” deya so‘raydi. Nega tushkunlikka tushasan, ey jonim? Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Xudoga umid bog‘la! Shukr etaman Yana Unga — najotkorim, Xudoyimga. Ey Xudo, oqla meni! Shakkok xalqqa qarshi da’voim bor. O‘zing meni himoya qil. Meni bu yolg‘onchi, adolatsizlardan qutqar. Axir, mening panohim — Xudo Sensan, Nega Sen tark etding meni?! Ne uchun g‘amga botib yurmog‘im kerak Dushmanlarimning siquvi dastidan?! Yo‘llagin nuringni, haqiqatingni, Bular menga yo‘l ko‘rsatib tursin, Muqaddas tog‘ingga meni olib borsin, Sening makoningga meni olib borsin. Shunda boraman, ey Xudo, Sening qurbongohingga. Buyuk shodligimsan, sevinchimsan Sen, Lira chalib, hamdu sano aytaman Senga, Ey Xudo, mening Xudoyim! Nega tushkunlikka tushasan, ey jonim? Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Xudoga umid bog‘la! Shukr etaman Yana Unga — najotkorim, Xudoyimga. Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining qasidasi. Ey Xudo, o‘z quloqlarimiz ila eshitganmiz. Qadim zamonda, ha, ota–bobolarimiz davrida Qilgan ishlaringni ular bizga aytgan edi. O‘z qo‘ling ila quvding begona xalqlarni, Ularning yurtiga o‘tqazding otalarimizni, Kulfatga solding begona xalqlarni, Ozod qilding Sen otalarimizni. Ular yurtni qilich ila olmadilar, O‘z qo‘llari ila g‘alabaga erishmadilar. Ular Sening o‘ng qo‘ling, qudrating, Sening yuz nuring ila g‘olib bo‘ldilar. Zero, Sen ulardan mamnun bo‘lganding. Sen Shohimsan, Xudoyimsan, Amr ber, Yoqub nasli g‘olib bo‘lsin. Sen tufayli dushmanimizni surarmiz, Noming ila g‘animlarimizni ezg‘ilarmiz. Ishonib qolmasman men o‘z yoyimga, Qilichim g‘alaba keltirmas menga. G‘animlarimiz ustidan bizni g‘olib qilding, Bizdan nafratlanganlarni sharmanda qilding. Ey Xudo, kun bo‘yi Sen tufayli maqtandik, To abad Senga shukronalar aytamiz. Endi esa bizni rad qilib, sharmanda qilding, Lashkarlarimizni boshlab bormayapsan. Bizni dushmanlarimiz oldiga chekintirding, G‘animlarimiz bizni talon–taroj qildi. Bizni qo‘ylar kabi yemishga berding, Xalqlar orasiga bizni yoyib yubording. Xalqingni qora chaqaga sotib yubording, Ularni sotishdan hech naf ko‘rmading. Qo‘shni xalqlari bizni masxara qiladi, Sen yo‘l qo‘yib berding. Atrofimizdagilar bizni tahqirlaydi, Kulishlariga imkon berding. Xalqlar orasida kulgi qilding bizni, Xalqlar bizni masxaralab, chayqaydi boshini. Har doim xijolat bo‘lib yuraman, Sharmandalik yuzimni qoplagan. Eshitganimiz masxarayu haqorat! Ko‘rganimiz qasoskor dushman! Garchi Seni unutmagan bo‘lsak–da, Garchi ahdingga xiyonat qilmasak–da, Bu ko‘rgiliklar boshimizga tushdi. Biz Seni hech qachon tark etmadik, Sening yo‘llaringdan hech qachon toymadik. Ammo chiyabo‘rilar makoniga bizni tashlading, Zim–ziyo zulmatga bizni uloqtirding. Ey Xudoyimiz, axir, Sening nomingni unutsak, Qo‘llarimizni begona xudolarga ochsak, Ey Xudo, Sen buni bilmasmiding?! Axir, Sen yurakdagi sirlarni bilasan–ku! Sen tufayli har kun o‘limga duch kelamiz, Bo‘g‘izlanadigan qo‘yday bo‘lib qolganmiz. Tursang–chi, nega uxlayotgandaysan, ey Rabbiy?! Qani, bo‘l, bizni to abad rad etmagin. Nega bizdan yuzingni yashirasan?! Boshimizga tushgan kulfatu zulmni unutasan?! Biz ag‘natilganmiz tuproqqa, Tanamiz yopishib qolgandir yerga. Qani, kel, bizga madad ber, Sodiq sevging haqi bizni qutqar. Ijrochilar rahbariga. “Nilufar” kuyiga aytilgan. Ko‘rax naslining qasidasi. To‘y qo‘shig‘i. Shohimga she’rlarimni bag‘ishlayman, Yuragimdan go‘zal so‘zlar to‘kiladi, Tilim mohir kotib qalamiga o‘xshaydi. Ey shohim! Insonlar orasida juda chiroylisan. Xudo senga to abad baraka bergani uchun Lablaringdan latif so‘zlar yog‘iladi. Ey qudratli shoh, belingga bog‘la qilichingni, Hashamatu ulug‘vorliging bilan zohir bo‘lgin. Ulug‘vorlik bilan olg‘a bos! Haqiqat, kamtarlik, adolat uchun g‘alaba qil! O‘ng qo‘ling qo‘rqinchli ishlar ko‘rsatsin. G‘animlaringning yuragini O‘tkir o‘qlaring teshib o‘tadi. Xalqlar oyog‘ing ostiga yiqiladi. Xudo bergan taxting abadiydir, Adolat hassasi shohliging hassasidir. Sen solihlikni sevasan, qabihlikdan nafrat etasan. Shu bois Xudo seni do‘stlaringdan ustun qildi, Ha, Xudoying shodlik moyini senga surtdi. Libosingdan mirra, sabur, dolchinning Xushbo‘y hidlari ufurar. Fil suyagi bilan bezatilgan saroylarda Cholg‘u navolari seni shod qilar. Shoh qizlari izzatli xonimlaring orasidadir, Ofir oltiniga bezangan malika o‘ng qo‘lingda o‘tirar. Tingla, ey qiz, quloq solib, o‘ylagin, Xalqing, otang xonadonin unutgin. Jamolingga shoh maftun bo‘lgandir, Ta’zim qil unga, u xo‘jayiningdir. Tir xalqi hadyalar olib keladi, Boylar sendan marhamat istaydi. Saroyda malika naqadar go‘zal! Liboslari oltin bilan bezatilgan. Naqshli libosida uni shoh huzuriga olib kelishadi, Ortidan qizlar, uning dugonalari ergashib keladi. Ular shod–xurramlik ichra keladi, Shohning saroyiga ular kirib keladi. Ey shohim, o‘g‘illaring olgaylar otalaring o‘rnini, Butun yurtda shahzodalar qilgaysan sen ularni. Qo‘shig‘im tufayli noming nasllar osha yashar, Shu bois xalqlar seni to abad madh etarlar. Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining qo‘shig‘i. “Qizlar” kuyiga aytilgan. Xudo bizning panohimiz, qudratimizdir, Kulfatda qolganimizda doim madadkorimizdir. Shu bois biz qo‘rqmaymiz hech ham Yer ostin–ustin bo‘lib ketsa ham, Dengiz bag‘riga tog‘lar qulab tushsa ham. Dengizlar o‘kirib, toshib ketsa ham, Shiddatli to‘lqinlar tog‘larni titratsa ham Biz qo‘rqmaymiz hech ham. Bir daryo bor, uning suvlari Olib kelar shodlik Xudo shahriga, Xudoyi Taoloning muqaddas makoniga. Shaharda Xudo turgani uchun, Shahar hech ham yiqilmasdan turadi, Tong otganda, Xudo yordamga keladi. Xalqlar alg‘ov–dalg‘ov bo‘ladi, Shohliklar qulaydi. Xudo ovozi guldiraydi, yer erib ketadi. Sarvari Olam biz bilandir, Yoqubning Xudosi qal’amizdir. Keling, Egamizning ishlarini ko‘ring, Yer yuziga keltirgan kulfatni ko‘ring. Butun olamda U jangni to‘xtatadi, Yoyni parchalaydi, nayzani sindiradi, Qalqonlarni olovda yoqib, shunday deydi: “To‘xtang, biling, Men Xudoman, Xalqlar orasida Men yuksalgayman, Yer yuzida Men yuksalgayman.” Sarvari Olam biz bilandir, Yoqubning Xudosi qal’amizdir. Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining sanosi. Ey xalqlar! Hammangiz qarsak chaling, Sevinch hayqiriqlari ila Xudoni kuylang! Qo‘rqinchlidir Xudoyi Taolo — Egamiz, Butun yer yuzida Udir ulug‘ shohimiz. U bizga itoat ettirdi xalqlarni, Oyog‘imiz ostiga tashladi uluslarni. O‘zi suygan Yoqubning faxrli mulkini Egamiz biz uchun yurt qilib tanladi. Shodlik hayqiriqlari ostida Xudo taxtga chiqdi, Karnay sadosi ostida Egamiz taxtiga o‘tirdi. Hamdu sano kuylang Xudoga, madhlar kuylang! Ha, Shohimizga madhlar kuylang! Hamdu sano kuylang! Butun yer yuzining shohidir Xudo, Unga ajoyib hamdu sano kuylang! Jamiki uluslarning shohidir Xudo, Muqaddas taxtida o‘tiribdi Xudo! Ibrohim Xudosining xalqi bilan birga To‘planarlar xalqlarning hukmdorlari. Zaminning shohlari — Xudoniki, G‘oyat baland yuksalgandir U. Ko‘rax naslining sanosi. Qo‘shiq. Egamiz buyukdir! Egamizning shahrida, Ha, O‘zining muqaddas tog‘ida Egamiz madhiyalarga loyiqdir! Xudoning muqaddas tog‘i yuksak va go‘zaldir, Butun yer yuziga shodlik olib keladir! Buyuk Shohning shahridagi, Uning shimolidagi Sion tog‘i! Xudo Quddusning qo‘rg‘oni ichida turadi, Uning qal’asi bo‘lib, O‘zini namoyon etgan. Shohlar to‘plandilar, Birgalashib Sion tog‘iga qarshi yurdilar. Uni ko‘rdilar–u, shoshib qoldilar, Vahimaga tushib, qochib qoldilar. Tug‘ayotgan xotin tortganday dard O‘sha yerda ularni titroq bosdi. Sharqdan shamol esib, Tarshish kemalarini parchalaganday, Sen ularni qirib tashlading. Xudo nima qilganini biz eshitdik. Nima eshitgan bo‘lsak, endi o‘shani Xudoyimiz, Sarvari Olamning shahrida ko‘rdik. Bu shaharni Xudo to abad saqlar. Ey Xudo, Ma’bading ichida Sodiq sevging haqida o‘ylaymiz. Ey Xudo, madhing ham dong‘ing kabi Yerning to‘rt tomoniga yoyilgan, O‘ng qo‘ling adolat ila to‘lib–toshgan. Sening hukmlaringdan Sion tog‘i shod bo‘lsin, Yahudo shaharlari sevinsin! Ey Isroil xalqi, Quddus tevaragida yuring. Atrofida aylanib, Uning minoralarini sanab chiqing. Sionning istehkomlariga e’tibor bering, Uning qo‘rg‘onlariga qarang! Bularni ko‘rib, kelgusi avlodlarga hikoya qiling: “Xudo o‘sha istehkomlarga o‘xshaydi. U to abad bizning Xudoyimizdir, U to abad bizning yo‘lboshchimiz bo‘ladi.” Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining sanosi. Eshitinglar, ey xalqlar, Quloq soling, olam ahli, Ey insonlar, jamiki odamzod, Boylaru faqirlar, quloq solingiz! Og‘zimdan to‘kiladi dono so‘zlar, Qalbimning mushohadasi ham idroklidir. Qulog‘imni hikmatga buraman, Ma’nosini lira bilan anglataman. Nega qo‘rqishim kerak qaro kunlarda?! Nega qo‘rqishim kerak ta’qib qiluvchilar Qabih ishlari bilan meni o‘rab olganlarida?! Ular mol–mulkiga ishonadilar, Behisob boyliklari ila maqtanadilar. Axir, hech kim hayotini pul to‘lab qutqara olmas, Yoki uning uchun Xudoga to‘lov berolmas. Inson hayoti uchun to‘lov g‘oyat qimmatdir, Hech qanday to‘lov yetarli bo‘lmas. Yo‘qsa inson to abad yashardi, Qabr yuzini aslo ko‘rmasdi. Dononi qarang, ular ham o‘ladi, Ahmoq, bema’ni birday halok bo‘ladi, Ularning boyligi boshqaga qoladi. Yurtlarga o‘zlarining nomini berganda ham, Mozor to abad uyi bo‘lib qoladi, Maskani nasldan–naslga o‘taveradi. Boyligiga qaramay inson to abad qolmas, O‘ladigan jonzotga o‘xshaydi ular. O‘zlariga ishonganlarning qismati shudir, Ularning so‘zini ma’qullaganlarning taqdiri shudir: Qo‘ylar kabi o‘liklar diyoriga haydaladilar, O‘lim ularning cho‘poni bo‘ladi, Tongda to‘g‘ri insonlar ularning ustidan hukmron bo‘ladi, Tanalari chirib ketadi, O‘liklar diyori ularning qasri bo‘ladi. O‘liklar diyori hukmidan Xudo meni qutqaradi, Shubhasiz, U meni O‘z yoniga oladi. Birontasi boyib ketganda, Uyining hashamati oshib ketganda, Vahimaga tushma! Olamdan o‘tganda, u o‘zi bilan hech narsa olib ketmaydi, Boyligi ham uning ortidan qabrga ergashib bormaydi. Hayotligida o‘zini baxtiyor hisoblaydi, Oshib–toshib yashagani uchun Ko‘plar unga hamdu sano aytadi. U ham ota–bobolari yoniga ketadi, Ular kabi yorug‘likni boshqa ko‘rmaydi. Boyligi bo‘la turib aqlsiz bo‘lganlar O‘ladigan jonzotga o‘xshaydilar. Osifning sanosi. [1] Xudolar Xudosi — Egamiz So‘ylar, da’vat qilar yer yuziga Sharqdan g‘arbga qadar. Xudo O‘z nurini sochar Quddusdan — Go‘zallikda komil shahardan. Xudoyimiz kelar, sukut saqlamas, Uning oldida alanga yamlab yuborar, Atrofida bo‘ron g‘azabdan quturar. O‘z xalqini hukm etmoq uchun Yeru osmonni guvoh qilib chaqirar: “Yig‘ib keling Mening taqvodor xalqimni, Qurbonlik orqali Men bilan ahd qilganlarni!” Samolar e’lon qilar Xudoning odilligini, Hakam Xudoning O‘zidir. Xudo aytar: “Eshit, ey xalqim, Men so‘zlayman, Ey Isroil, senga qarshi guvohlik beraman, Men Xudoman, sening Xudoyingman. Keltirgan qurbonliklaring doimo oldimda. Kuydirilgan qurbonliklaringdan shikoyat qilmayman. Og‘ilingdagi buqangga muhtoj emasman, Suruvingdagi echkingga ham zor emasman. Menikidir o‘rmondagi jamiki hayvon, Minglab qirlardagi molu qo‘ylar. Menikidir jamiki tog‘dagi qushlar, Menikidir daladagi barcha jonivorlar. Och qolsam ham, so‘ramasdim sizlardan, Menikidir olam, undagi hamma narsa. Men buqa go‘shtini yeymanmi?! Yoki echki qonini ichamanmi?! Men, Xudoga, shukrona qurbonligi qil, Men, Xudoyi Taologa, ontingni ado qil. Og‘ir kunda Menga iltijo qilgin, Senga najot beraman, Sen esa Menga maqtov aytasan.” Fosiqqa esa Xudo shunday deydi: “Ne haqing bor qonunlarimni tilga olmoqqa?! Ne haqing bor ahdimni og‘zingga olmoqqa?! Nafrat ila qaraysan–ku yo‘l–yo‘riqlarimga, Otib tashlaysan–ku kalomlarimni orqangga! O‘g‘rini ko‘rganingda, do‘stlashasan u bilan, Sherik bo‘lib olasan zinokorlar bilan. Og‘zing yomon so‘zlar uchun doim tayyordir, Tilingning to‘qigani faqat yolg‘ondir. O‘tirib, birodaringga qarshi so‘ylaysan, Tug‘ishganingga ham tuhmat qilasan. Shu ishlarni qilganingda, sukut saqlardim, Meni ham o‘zingga o‘xshagan, deb o‘ylading. Endi–chi, aybingni bo‘yningga qo‘yib, Seni hukm qilaman. Ey Meni unutganlar, bilib qo‘ying, Yo‘qsa sizlarni parcha–parcha qilaman, Bironta najot berguvchi topilmaydi. Menga shukrona qurbonligi keltirganlar Meni izzat qilgan bo‘ladi. Men O‘z najotimni To‘g‘ri yo‘ldan yurganlarga ko‘rsataman.” [1-2] Ijrochilar rahbariga. Dovud Botshevaning oldiga kirgandan so‘ng, Natan payg‘ambar uning oldiga kelganda, Dovudning aytgan sanosi. *** Rahm qilgin menga, ey Xudo, Sodiq sevging, cheksiz shafqating ila Itoatsizligimni olib tashlagin. Yuvib tashla barcha ayblarimni, Poklagin gunohlarimdan. Ha, o‘zimning itoatsizligimni bilaman, Gunohim turar ko‘z o‘ngimda mudom. Senga, yolg‘iz Senga qarshi gunoh qilganman, Sening oldingda qabihliklar qilganman, Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan, Qoralaganingda doimo to‘g‘ri bo‘lib chiqasan. Mana, gunohkor bo‘lib tug‘ilganman, Onam qornidayoq gunohkor edim. Ha, inson yuragida Sen istaysan haqiqatni, Qalbimning to‘rida o‘rgatgin donolikni. Pokla meni issop o‘ti ila, toza bo‘layin, Yuvgin meni, qordan ham oq bo‘layin. Yana eshitay shodlik, quvonch xabarin, Sen ezgan suyaklarim yana quvonsin. Gunohlarimdan chetga ol ko‘zlaringni, Olib tashla ayblarimni. Ey Xudo, menda toza yurak yaratgin, Ichimda to‘g‘ri ruhni yangilagin. Huzuringdan meni uloqtirib tashlama, Muqaddas Ruhingni mendan olma. Najoting shodligini menga qaytargin, Itoat etishga menda istak uyg‘otgin. Shunda itoatsizlarga Sening yo‘llaringni o‘rgataman, Gunohkorlar qaytib keladilar Senga. Qon to‘kkanim uchun kechir meni, ey Xudo, Najot berganingni sevinch ila kuylar tilim, Ey najotkorim Xudo! Lablarimni ochgin, ey Rabbiy, Og‘zim Seni madh aylasin. Qurbonlikni Sen xohlamaysan, Qurbonlik kuydirganimda ham Sen xush ko‘rmagan bo‘larding. Senga ma’qul qurbonligim ezilgan ruhdir, Ezilgan, tavba qilgan yurakni Sen rad etmaysan, ey Xudo. Lutfu karaming bilan Quddusni yashnatgin, Sion shahri devorlarini qaytadan qurgin. Shunda munosib qurbonliklar keltiriladi, Kuydiriladigan qurbonliklar Seni mamnun qiladi, Qurbongohingda buqalar nazr qilinadi. [1-2] Ijrochilar rahbariga. Edomlik Doyeg Shoulning oldiga borib: “Dovud Oximalekning uyiga kiribdi”, deb xabar bergan paytda Dovudning aytgan qasidasi. *** Nechun maqtanasan yovuzliging ila, ey zo‘ravon?! Xudoning sodiqligi doim men bilan, axir! Balo keltiraman, deya reja qilasan, O‘tkir ustaraga o‘xshaydi tiling. Aldashga sen mohirsan. Ezgulikdan ko‘ra, yovuzlikni yoqtirasan, Haqiqatni so‘ylashdan ko‘ra, yolg‘onni afzal bilasan. Halok qiladigan so‘zlarni yaxshi ko‘rasan, Yolg‘onchi tilni sevasan. Xudo esa seni to abad vayron qiladi, Seni ushlab, chodiringdan tortib chiqaradi, Tiriklar yurtidan yo‘q qilib tashlaydi. Solihlar buni ko‘rib, qo‘rqadi, Fosiqning ustidan kuladi: “Qarang, o‘sha odam Xudoni panohim deb bilmadi, Mo‘l–ko‘l boyligiga umid bog‘ladi, Boshqalarni qirish tufayli kuchaydi.” Men–chi, o‘xshayman Xudoning uyidagi Ko‘m–ko‘k zaytun daraxtiga. Xudoning sodiq sevgisiga Men to abad umidimni bog‘layman. Ey Xudo, Sening hamma qilganlaring uchun Senga to abad shukr aytaman. Taqvodorlaringning huzurida Senga umid bog‘layman, Axir, O‘zing yaxshisan! Ijrochilar rahbariga. “Qayg‘u–alam” kuyiga aytilgan. Dovud qasidasi. Ahmoqlar o‘z ko‘nglida: “Xudo yo‘q”, deydi. Ular buzuqlardir, qilmishi jirkanch ishlardir, Yaxshilik qiluvchi biron zot yo‘qdir. “Idrokli biron zot bormikan? Bormikan Menga yuz burgan”, deya Insonga Xudo osmondan boqar. Hammasi yo‘ldan ozgan, birday buzilgan, Yaxshilik qiluvchi bir kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q! Ular idroksiz, badkirdor, Xalqimni bir luqma nonday yeb yuboradi, Hech qachon Xudoga sajda qilmaydi. Ana, bosayotir ularni qattiq vahima, Bunaqasini ilgari ko‘rmagan ular. Xudo sochib tashlar g‘animlaringning suyaklarini. Axir, Xudo rad etgan ularni! Shu bois, ey Isroil, sen ularni sharmanda qilgansan. Eh, Quddusdan Isroilga najot kelsaydi! Xudo O‘z xalqini yana farovonlikka erishtirsa, Yoqub nasli shod bo‘lgay, Isroil sevingay! [1-2] Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Zifliklar Shoulning oldiga borib: “Dovud bizning oramizda yashirinib yuribdi”, deganlarida, Dovudning aytgan qasidasi. *** Ey Xudo! Buyuk qudrating ila meni qutqargin! Kuch–quvvating ila menga adolatli hukm chiqargin! Ey Xudo, eshitgin iltijoimni, Tinglagin aytganlarimni! Begonalar qarshi qo‘zg‘aldi menga, Zo‘ravonlar qasd qilmoqchi jonimga, Ular Seni pisand qilmaydilar. Ey Xudo, menga madad berasan, Ey Rabbiy, mening jonimni asraysan. Dushmanlarimning qabihligi o‘z boshiga kelsin, Sen sodiqsan, ularni qirib tashlagin! Shod bo‘lib, Senga qurbonlik keltiraman, O‘zing yaxshisan, ey Egam, Senga shukr aytaman! Saqlading har qanday kulfatdan meni, Ko‘zlarim ko‘rdi dushmanlarim mag‘lubiyatini. Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Dovud qasidasi. Ibodatimga quloq sol, ey Xudo, Iltijoimni e’tiborsiz qoldirma. [3-4] Eshit meni, javob ber, Dushmanlarim dag‘dag‘asi, fosiqlarning siquvi Boshimga g‘am–kulfat keltiradi. Ular g‘azablanib, mendan nafratlanadi. Eh, o‘ylarim qiynar meni, Boshimdan uchgan aqlim. *** Yuragim hasratga to‘ladir, O‘lim vahimasi meni bosib keladir. Qo‘rquv, titroq menga kelmoqda, Dahshat meni ezib bormoqda. “Qaniydi kaptar kabi qanotim bo‘lsa”, dedim, “Uchib ketib, orom olgan bo‘lardim. Haqiqatan, uzoqlarga uchib qutulardim, Sahroda makon qilgan bo‘lardim. Quturgan shamolu bo‘rondan qochib, O‘zimga boshpana topgani shoshilgan bo‘lardim.” Ey Rabbiy, ularni chalg‘it, Ularning gaplarini chalkashtir. Shaharda zo‘ravonlik, janjalni ko‘rib turibman. Ular kecha–kunduz shahar devori ustida izg‘iydi, Yovuzlik, vahima shahar ichida yuz bermoqda. Shaharning o‘rtasida buzg‘unchilik, Ko‘chalaridan zulm va hiyla arimaydi. G‘animlarim meni haqorat qilganda edi, Bunga bardoshim yetgan bo‘lardi. Dushmanim o‘zini mendan yuqori qo‘yganda edi, Undan yashiringan bo‘lardim. Ammo u mening tengim–ku, Yaqin do‘stim hamda hamrohim–ku. U bilan dilkash do‘st edik, Ey Xudo, Sening uyingdagi yig‘inda birga yurardik. Uylari, yuraklari fosiqlikka to‘la bo‘lgani uchun G‘animlarim o‘limga ro‘baro‘ bo‘lsin, Tiriklayin o‘liklar diyoriga tushsin. Men iltijo qilaman Xudoga, Najot beradi Egam menga. Oqshom, sahar hamda kunduz Dardu fig‘onlarimni aytaman. Egam mening ovozimni eshitadi. Garchi menga qarshilar ko‘p bo‘lsa ham, Birorta ham zarar yetkazmay Meni janglardan qutqaradi. Azaldan taxtda o‘tirgan Xudo Menga quloq tutib, Yo‘llarini o‘zgartirmagani uchun, Xudodan qo‘rqmaganlari uchun Dushmanlarimni mag‘lub qiladi. Hamrohim o‘z do‘stiga qarshi qo‘lini ko‘tardi, Men bilan qilgan ahdiga u xiyonat qildi. Uning og‘zidan bol tomadi, Yuragi esa adovatga to‘la. So‘zlari moydan ham yoqimli, Aslida qindan chiqqan qilichdaydir. Tashvishlaringni Egamizga topshirgin, U senga tayanch bo‘ladi. Egamiz hech qachon solihning yiqilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ey Xudo, fosiqlarni Sen O‘liklar diyoriga uloqtirasan. Qonxo‘r, xoin kimsalar aslo Umrining yarmisini ham yashamaydi. Men esa Senga umid bog‘layman. Ijrochilar rahbariga. “Uzoqdagi jim kabutar” kuyiga aytilgan. Filist xalqi Dovudni Gat shahrida tutib olganda, uning aytgan qo‘shig‘i. Shafqat qil menga, ey Xudo, Odamlar meni ta’qib qilmoqda, G‘animlarim kun bo‘yi meni ezmoqda. Bo‘htonchilar kun bo‘yi meni ta’qib qiladi, Ko‘plari menga hujum qiladi, ey Xudoyi Taolo! Qo‘rqqanimda Senga umid bog‘layman. Ey Xudo, kalomingni madh etaman, Qo‘rqmayman, Sendan umid qilaman, Bandang menga ne qila oladi?! G‘animlarim har doim gapimni buzib ko‘rsatadi, Menga zarar yetkazmoq uchun fitnalar qiladi. Yovuz niyatda ortimdan pisib keladi, Har bir qadamimni o‘lchab yuradi, Ular hayotimga chek qo‘yishni istaydi. Jinoyatlari uchun ularni uloqtir, Ey Xudo, g‘azabing ila ularni yerga ur! Sen qayg‘ularimni hisobga olgansan, Ko‘z yoshlarimni idishingga solib yig‘ib qo‘ygin. Axir, ularning har biri kitobingda yozilgan–ku! Senga iltijo qilgan kunim Dushmanlarim ortga chekinadi. Ha, bilaman, Sen men tomonda. Ey Xudo, kalomingni madh etaman, Ha, Egam, Sening kalomingni men madh etaman. Sendan umid qilaman, qo‘rqmayman, Bandang menga ne qila oladi?! Ey Xudo, Senga bergan ontimni bajarmog‘im shart, Shukrona nazrlarimni Senga atayman. Jonimni o‘limdan qutqarib qolding, Oyog‘imni qoqilishdan saqlading. Shu bois, ey Xudo, Sening oldingda, Hayot nurida yuraman. Ijrochilar rahbariga. “Xarob etma” kuyiga aytilgan. Dovudning Shouldan qochib, g‘orga kirganda aytgan qo‘shig‘i. Ey Xudo, rahm qilgin menga, rahm qil, Mening jonim Senda panoh topadi. Halokatli ofatlar o‘tib ketguncha Men qanotlaring soyasida panoh topaman. Yolvoraman Xudoyi Taologa, Men uchun qasos oluvchi Xudoga. Samodan najot yuborib, U meni qutqaradi, Meni toptaydiganlarni sharmanda qiladi. Xudo O‘z sevgiyu sadoqatini yuboradi. Men odam yeydigan sherlar orasida yotgandayman. Ularning tishlari nayzayu o‘q kabidir, Ularning tillari keskir qilichdaydir. Ey Egam, falakdan ham yuqorida yuksalaver! Shuhrating butun zamin uzra yoyilsin. Dushmanlarim oyoqlarimga tuzoq qo‘ygan, Qayg‘u–kulfatdan ruhim cho‘kkan. Ular so‘qmoqlarimda chuqur qazidi, O‘zlari qazigan chuqurga o‘zlari quladi. Ey Xudo, yuragim Senga sodiq, Ha, yuragim Senga sodiqdir! Seni kuylab, qo‘shiq aytaman. Uyg‘ongin, ey jonim! Uyg‘on, ey arfa, lira! Tongni ham men uyg‘otaman! Ey Rabbiy, xalqlar orasida Senga shukrona aytaman, Ellar orasida Senga hamdu sano kuylayman. Sodiq sevging samolarday yuksakdir, Sadoqating bulutlarga cho‘zilgandir. Ey Xudo, falakdan ham yuqorida yuksalaver! Shuhrating butun zamin uzra yoyilsin. Ijrochilar rahbariga. “Xarob etma” kuyiga aytilgan. Dovud qo‘shig‘i. Ey hukmdorlar! Nahot siz adolatli qaror chiqarasiz?! Nahot sizlar to‘g‘rilik ila xalqlarni hukm qilasiz?! Yo‘q, axir, yuraklaringiz adolatsizlikka to‘la–ku! Yer yuzida qo‘llaringiz zo‘ravonlikni taqsimlaydi–ku! Fosiqlar onasining qornidayoq adashadi, Yolg‘onchilar tug‘ilishdanoq yo‘ldan ozadi. Ularning zahri ilonning zahriga o‘xshaydi, Kar ilonga o‘xshab quloqlarini berkitadi. Ilon o‘ynatuvchilar kuyini eshitmaydi, Mohir afsungarni aslo eshitmaydi. Sindir ularning tishlarini, ey Xudo, Sug‘urib ol shervachchalarning qoziq tishlarini, ey Egam! Ular oqar suvday yo‘q bo‘lib ketsin, Ularning o‘qlari nishonga tegmaydigan bo‘lsin. Balchiqqa botib ketgan shilliq qurtday bo‘lsin, Onasi qornidan o‘lik tug‘ilib, Hech qachon quyosh ko‘rmagan chaqaloqday bo‘lsin. Yonayotgan tikan qozonni tez qizdirganday Fosiqni shunchalik tez supurib yo‘q qilgin. Fosiqdan o‘ch olinganda, solih sevinadi, Ularning qonida solih oyoqlarini yuvadi. Odamlar aytar: “Shubhasiz, solihga mukofot bordir, Yer yuzida hukm qiluvchi Xudo albatta bordir.” Ijrochilar rahbariga. “Xarob etma” kuyiga aytilgan. Shoul Dovudni o‘ldirish uchun uning hovlisini poylashga kishi yuborganda, Dovudning aytgan qo‘shig‘i. G‘animlarimdan meni qutqar, ey Xudoyim, Menga qarshi turganlardan himoya qil meni. Badkirdorlardan qutqargin meni, Qonxo‘rlardan saqlagin meni. Qara, ular meni poylab yotarlar, Zolimlar menga qarshi fitna qilarlar, Garchi aybu gunohim bo‘lmasa–da, ey Egam, Garchi men haqsizlik qilmasam–da, Ular menga qarshi hujum qilmoqqa tayyor. Qo‘zg‘al O‘zing, ahvolimni ko‘r, kel yordamga. Ey Isroil xalqining Xudosi, Ey Parvardigori Olam — Egam, Qani, bo‘l, barcha xalqlarni jazolagin, Yovuz sotqinlarga shafqat qilmagin. G‘animlarim har kun oqshomda qaytib keladi, Itlarday uvullab, shahar izg‘iydi. Qara, og‘izlaridan qusuq chiqadi, Tillaridan zahar so‘zlar chiqadi, “Kim ham bizni eshitardi”, deya o‘ylaydi. Ular ustidan Sen kulasan, ey Egam, Hamma xalqlarni Sen masxaralaysan. Senga intizorman, ey Qudratim, Sen mening qal’amsan, ey Xudo! Sodiq sevging ila, ey Xudoyim, menga madad berasan, Ko‘zlarimga dushmanlarim mag‘lubiyatini ko‘rsatasan. Ularni o‘ldirma, xalqim bu saboqni unutib qo‘yar, Qudrating bilan ularni titrat, Ey qalqonim Rabbiy, ularni ko‘tarib ur. Ularning og‘zidan chiqqan gunohlar uchun, Lablaridan chiqqan so‘zlar uchun O‘zlarining takabburligi orqali ilinsin. Ular aytadigan la’nat, yolg‘on uchun G‘azabing ila ularni yo‘q qilgin, Bitta ham qoldirmay qirib tashlagin. Shunda ey Xudo, Yoqub nasli ustidan hukmron ekanliging Yerning to‘rt tomonida ma’lum bo‘ladi. G‘animlarim har kun oqshomda qaytib keladi, Itlarday uvullab, shahar izg‘iydi. Ovqat izlab daydib yuradi, Agar to‘ymasalar, irillaydi. Men esa Sening qudratingni tarannum etaman, Sodiq sevgingni tongda sevinch ila kuylayman. Sen mening qal’am bo‘lgansan, Kulfatda qolganimda panohimsan. Ey Qudratim, Seni kuylab madh qilaman, Sen, ey Xudo, mening qal’amsan, Sodiq sevgisini ko‘rsatuvchi Xudosan. [1-2] Ijrochilar rahbariga. “Nilufar gul shahodati” kuyiga aytilgan. Ta’lim uchun. Dovud Oram–Naxrayim va Oram–Zo‘vo xalqi bilan jang qilgandan keyin Yo‘ab qaytib kelib, o‘n ikki ming edomlikni Tuz vodiysida o‘ldirganda, Dovudning aytgan qo‘shig‘i. *** Ey Xudo, bizni tark etding, Mudofaamizni yorib o‘tding, Bizdan g‘azablanding, Endi bizni oldingi holimizga qaytargin! Yerni silkitding, yoriqlar ochding, Yoriqlarni tuzatgin, yer tebranmoqda. Xalqingga ko‘p azoblar berding, Kalovlanib yursin, deb ichgani sharob berding. Ular kamon o‘qlaridan yashirinib olsin, deya O‘zingdan qo‘rqqanlarga ishora berib, bayroq ko‘rsatasan. O‘ng qo‘ling ila g‘alaba ato qilgin, Bizga javob bergin, O‘zingning sevganlaring najot topsin. Ey Xudo, O‘z muqaddas makoningdan va’da bergansan: “Shodlanib, Shakamni bo‘lib tashlayman, Suxo‘t vodiysini taqsimlab beraman. Gilad Menikidir, Manashe Menikidir, Efrayim dubulg‘amdir, Yahudo saltanat hassamdir. Mo‘ab Mening qo‘lyuvgichimdir, Edom uzra chorig‘imni otaman, Olqishla meni, ey Filistlar! ” Eh, qaniydi mustahkam shaharga meni olib borsalar, Edomga meni boshlab borsalar. Ey Xudo, axir, bizni O‘zing rad etding–ku! Lashkarimizga yo‘lboshchilik qilmayapsan–ku endi! Dushmandan qutqarib, bizga yordam ber, Insonning yordami butunlay behuda. Ey Xudo, Sen bilan biz g‘olib bo‘lamiz, Dushmanlarimizni Sen yanchib tashlaysan. Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Dovud sanosi. Eshitgin, ey Xudo, ohu nolamni, Tinglagin mening ibodatimni. Yerning u chetidan Senga yolvoraman, Yuragim qon bo‘lganda, Seni chaqiraman. Yetib bo‘lmas baland qoyaga meni olib chiqqin. Sen mening panohim bo‘lgandirsan, Dushmanimga qarshi mustahkam minorasan. Chodiringda to abad maskan qilay, Qanotlaring soyasida panoh topay. Axir, ey Xudo, ontimni eshitgansan, Nomingdan qo‘rqqanlarning mulkidan menga ato qilgansan. Shohning umrini uzaytirgin, Nasllar osha hayotini davom ettirgin. Ey Xudo, u to abad huzuringda taxtda o‘tirsin, Sodiq sevging, sadoqating ila uni himoya qilgin. Shunda senga har doim hamdu sano kuylayman, Bergan ontimni har kuni ado etaman. Ijrochilar rahbari Yodutunga. Dovud sanosi. Jonim yolg‘iz Xudoga muntazirdir, Najot menga Xudodan keladi. Ha, Uning O‘zi suyangan qoyam, najotimdir. Qal’am Udir, shu bois aslo qoqilmasman. Ey dushmanlar, qachongacha meni turtasizlar?! Liqillab turgan chetan devorga, Qiyshaygan devorga hujum qilganday Hammangiz menga yopishaverasizlarmi?! Sizning rejangiz obro‘yimni to‘kmoqdir. Yolg‘on–yashiq gaplardan zavq olasiz, Og‘zingiz bilan duo qilasiz, Ichingizda esa la’nat o‘qiysiz. Ey jonim, yolg‘iz Xudoga muntazir bo‘lgin, Umidim manbayi Uning O‘zidir. Yolg‘iz Xudodir suyangan qoyam, najotim, Qal’am Udir, shu bois qoqilmasman. Najotimu sharafim Xudodan kelar, Qudratli qoyamu panohim Udir. Ey xalqim, umid qil Xudodan, Yuragingni ochgin doimo Unga, Bizning panohimiz Xudodir. Inson zoti bir nafasdir, Ha, inson zoti yolg‘ondir! Agar tarozida tortib ko‘rilsa, Hammasi birga havodan ham yengil chiqadi. Ularning aslo vazni yo‘qdir. Yulg‘ichlikka ishonib qolma, Talonchilikka behuda umid qilma, Mabodo boyliging ko‘payib qolsa, Boyligingga ko‘ngil bog‘lama. Ey Xudo, Sen menga bir narsa aytding, Shu ikki narsa haqida menga gapirding: Sen qudratli Xudosan. Ey Rabbiy, Sening sevging cheksizdir. Shu bois Sen har bir insonni Qilgan ishlariga ko‘ra mukofotlaysan. Yahudo cho‘lida bo‘lganda, Dovudning aytgan sanosi. Ey Xudo, mening Xudoyimsan, intilaman Senga, Quruq, toliqqan suvsiz tuproqday Jonim tashnadir Senga, Vujudim orzumanddir Senga. Muqaddas maskaningda Senga nigoh tashladim, Qudratingni, shuhratingni ko‘rdim. Hayotdan afzal Sening sevging, Tilimdan tushmas Sening olqishing. Bir umr Seni olqishlayman, Qo‘llarimni ko‘tarib, Senga sajda qilaman. Ilik bilan yog‘ yeganday jonim mamnun bo‘ladi, Shodiyona qo‘shiqlar ila Seni madh qilaman. O‘rnimda yotib ham, Seni eslayman, Seni o‘ylab, tunni qarshi olaman. O‘zing Mening madadkorim bo‘lding, Qanotlaring soyasida sevinch ila kuylayman. Sening ortingdan qolmay ergashaman, O‘ng qo‘ling meni mahkam tutadi. Jonimning payiga tushganlar Yerning qa’riga tushib yo‘q bo‘lib ketadi. Ular qilichning damiga yo‘liqadi, Chiyabo‘rilarga yem bo‘ladi. Shoh esa Xudodan sevinch topadi, Xudo nomi bilan ont ichganlar Uni madh qiladi, Yolg‘onchilarning og‘zi esa yopiladi. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Ey Xudo, ovozimni eshitgin iltijo qilganimda, Hayotimni dushman vahimasidan qutqargin. Fosiqning fitnasidan meni yashirgin, Badkirdorlar to‘dasidan himoya qilgin. Ular tillarini shamshirday qayraydi, Nishonga olib, zaharli so‘zlarini o‘qday otadi. Aybsiz odamni pistirmadan turib otadi, Hech qo‘rqmay, birdaniga unga o‘q uzadi. Bir–birining qabih rejalarin qo‘llab–quvvatlaydi, Yashirincha tuzoq qo‘yishga til biriktiradi, “Buni kim ham ko‘rardi”, deb o‘ylaydi. Ular adolatsizlikni qasd qiladi: “Ajoyib reja tuzdik”, deb aytadi. Albatta inson fikri, yuragini bilib bo‘lmaydi. Xudo esa fosiqlarga o‘q uzadi, To‘satdan ular yaralanadi. Ularning tili o‘zlarining boshini yeydi, Ularni ko‘rganlar qaltirab ketadi. Jamiki odamzod qo‘rqib qoladi, Xudoning ishlarini ular e’lon qiladi, Xudoning qilganlari haqida o‘ylab ko‘radi. Solihlar Egamiz tufayli sevinch topsin! Solihlar Unda panoh topsin, Hamma to‘g‘ri insonlar Uni madh etsin. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Qo‘shiq. Ey Quddusdagi Xudo, Sen loyiqsan hamdu sanoga, Senga bergan ontimizni bajo qilamiz. Sensan ibodatlarga javob berguvchi, Jamiki odamzod Senga keladi. Gunoh ustimizdan tantana qilgan, Sen esa kechirasan gunohlarimizni. Qutlug‘ hovlimda yashasin, deya Sen O‘zing tanlab, Olib kelgan inson naqadar baxtli! Uyingning, muqaddas Ma’badingning Ne’matlaridan biz bahramand bo‘lamiz. G‘aroyib ishlar ko‘rsatib, G‘alaba ila bizga javob berasan, Ey najotkorimiz Xudo! Yerning to‘rt tomonining, Hamda eng uzoq dengizlarning umidi Sensan. Kuch bilan O‘zingni qurollantirgansan, Qudrating ila tog‘larni joylashtirgansan. Dengizlar hayqirig‘ini bostirasan, To‘lqinlar shovqinini tinchitasan. Xalqlar shovqin–suroniga barham berasan. Dunyoning u chetida yashovchilar Mo‘jizalaringdan qo‘rquvga tushadi. Sharqdan g‘arbgacha xalqlar Sening ishlaringni sevinch ila kuylaydi. Zaminni Sen sug‘orib parvarishlaysan, Mo‘l–ko‘l qilib uni boyitasan. Ey Xudo, daryolaring suvi limmo–limdir, Insonlarni don–dun bilan ta’minlashni mo‘ljallagansan. Egatlarini qondirib sug‘orasan, Baland joylarini o‘zing tekislaysan, Yomg‘ir bilan tuprog‘ini yumshatasan, Hosiliga baraka berasan. Mo‘l hosil bilan yilga toj kiygizasan, Aravalaring yurgan yo‘llardan boylik oqadi. Cho‘l sersuv o‘tloqzorlarga aylanadi, Tepaliklar sevinchga burkanadi. Yaylovlar qo‘y suruvlari bilan qoplanadi, Vodiylar donlarga to‘ladi, Ular sevinchdan hayqirib qo‘shiq aytadi. Ijrochilar rahbariga. Sano. Qo‘shiq. [1] Xudoga shodlik ila hayqiring, Ey yer yuzidagi insonlar! Xudoning ulug‘vorligini kuylang! Unga ajoyib hamdu sanolar ayting! Xudoga aytinglar: “Sening ishlaring naqadar g‘aroyib! Qudrating buyukligidan Dushmanlaring oldingda g‘ujanak bo‘ladi. Butun zamin Senga sajda qiladi, Ular Senga hamdu sano aytadi, Ha, O‘zingga hamdu sano kuylaydi.” Kel! Xudo nima qilganini ko‘rgin! Inson manfaati uchun qilgan G‘aroyib ishlarini ko‘rgin! Dengizni quruq yerga aylantirdi, Ota–bobolarimiz suvlardan yurib o‘tdi, U yerda qilgan ishlaridan, Xudo tufayli biz sevinamiz. Qudrati ila to abad hukm suradi, Ko‘zlari xalqlarni kuzatib turadi, Unga qarshi isyonchilar qo‘zg‘almasin. Ey xalqlar, Xudoyimizga olqishlar ayting, Uning hamdu sanosi yangrasin. U bizning hayotimizni saqlagan, Oyoqlarimizni toyib ketishdan asragan. Ey Xudo, Sen bizni sinading, Kumushni tozalaganday bizni tozalading. Bizni tuzoqqa yo‘liqtirding, Yelkamizga og‘ir yuk ortding. Aravalarni boshimiz uzra yurgizding, Olov, suvlardan biz kechib o‘tdik, Farovonlikka bizni olib kelding. Kuydiriladigan qurbonliklar bilan Senga bergan ontimni ado etgani Men Sening uyingga kelaman. Kulfatda qolganimda ont ichgan edim, Tilim va’da bergan, og‘zim so‘ylagan edi. Bo‘rdoqilarni kuydirib, Senga qurbonlik qilaman. Qo‘chqor, taka, buqalarni keltiraman. Qurbonliklarning hidlari osmonga yetib boradi. Ey Xudodan qo‘rqqanlar, kelib, eshitinglar, Men uchun U nima qilganin so‘zlab berayin. Madad so‘rab Xudoga yolvordim, Uning hamdu sanosi hech tilimdan tushmadi. Yuragimda gunohim bo‘lsa edi, Meni aslo eshitmas edi Rabbiy. Xudo meni tingladi, Ibodat qilganimda, ovozimni eshitdi. Xudoga olqishlar bo‘lsin! Ibodatimni U rad qilmadi, Sodiq sevgisini mendan darig‘ tutmadi. Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Sano. Qo‘shiq. Ey Xudo, mehribon bo‘lgin, baraka bergin bizga, Yuzing nurini sochgin lutf ila ustimizga, Zaminda ma’lum bo‘ladi Sening yo‘llaring, Jamiki xalqlar orasida ma’lum bo‘ladi Sening najoting. Ey Xudo, xalqlar Seni madh qilsin, Jamiki xalqlar Senga hamdu sano aytsin. Xalqlarni Sen odillik ila hukm qilasan, Zamin uzra elatlarga yo‘lboshchilik qilasan, Sevinsin xalqlar, shodlanib qo‘shiq aytsin. Ey Xudo, xalqlar Seni madh qilsin, Jamiki xalqlar Senga hamdu sano aytsin. Yer o‘z hosilini bersin, Xudoyimizning O‘zi bizga baraka bersin. Ha, Xudo bizga baraka bersin! Yerning to‘rt tomonidagi xalqlar Unga tiz cho‘ksin. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Qo‘shiq. Qo‘zg‘alsin Xudo, tarqalib ketsin dushmanlari, Oldidan qochib ketsin Undan nafratlanganlar. Tutunni shamol tarqatgani kabi Xudo ularni haydab yuborsin. Mum olovda erigani kabi Xudo oldida fosiq halok bo‘lsin. Solihlar esa xursand bo‘lsin, Xudo oldida shod bo‘lsin, Ular xursandlikka to‘lib–toshsin. Xudoga hamdu sanolar kuylang, Uning nomini tarannum eting. U bulutlarni minib boradi, Uni ulug‘lang. U Egamizdir! Huzurida shodlaning! U Xudodir, makoni muqaddasdir, Yetimlarning otasi, bevalar himoyachisidir. Xudo yolg‘izlarni xonadonga joylashtiradi, Asirlarni rohatga, erkinlikka olib chiqadi, Isyonkorlar esa qaqragan yerga ega bo‘ladi. Ey Xudo, O‘z xalqingning oldida borganingda, Sahro bo‘ylab yurish qilganingda, Zamin titradi, osmon yomg‘irini quydi. Ey Sinay tog‘ining Xudosi, Sening huzuringda, Ey Isroil xalqining Xudosi, Sening oldingda, Zamin titradi, osmon yomg‘irini quydi. Sen, ey Xudo, mo‘l yomg‘ir berding, Toliqqan yeringga qaytadan kuch ato etding. Xalqing o‘sha yerda boshpana topdi, Ey Xudo, himmatingdan muhtojlarni bahramand qilding. Rabbiydan amr keladi, Ayollarning katta jamoasi xushxabarni eltadi: “Shohlaru lashkarlar shosha–pisha qochadi!” Isroil ayollari chodirlarda o‘ljani bo‘lishib oladi! Hatto uyda qolganlar uchun ham Bordir kumush bilan qoplangan kaptar qanotlari, Yaltiroq oltin bilan qoplangan kaptar patlari. Qodir Xudo shohlarni to‘zg‘itganda, Zalmon tog‘iga qor yoqqanday bo‘ldi. Ey Bashanning tog‘i, ulug‘vor tog‘, Ey cho‘qqilari ko‘p tog‘, Bashanning tog‘i! Ey cho‘qqilari ko‘p tog‘! Xudo makon qilib tanlagan toqqa Nega hasad bilan qaraysan? Egamiz to abad u yerda istiqomat qiladi. Xudoning jang aravalari son–sanoqsizdir, Rabbiy Sinaydan muqaddas makoniga keladi. Yuksaklarga chiqdi U, Asirlarni ortidan ergashtirdi. Xalqlardan hadyalar oldi, Hatto gunohkor isyonchilardan ham oldi. Axir, Parvardigor Egamiz u yerda yashaydi! Rabbiyga olqishlar bo‘lsin, U har kun og‘irligimizni ko‘taradi. Xudo bizning najotimizdir. Xudoyimiz — najot berguvchi Xudo, Egamiz Rabbiy o‘limdan qutqaradi. Xudo shubhasiz dushmanlar boshini yanchadi, Gunoh yo‘lidan yurgan odamning Bosh suyaklarini ham ezadi. Rabbiy shunday deydi: “Dushmanlaringni Bashandan qaytarib kelaman, Ularni dengiz tubidan olib kelaman. Oyog‘ingni dushmanlaring qoniga botirasan, Itlaring ham dushman qonini yalab, O‘z ulushini oladi.” Ey Xudo, zafarli karvoning ko‘rinmoqda! Mening Shohim, Xudoyimning karvoni Muqaddas makoningga borayotgani ko‘rinmoqda! Oldinda qo‘shiqchilar, orqada sozandalar, Ularning o‘rtasida childirma chalgan qizlar kuylar: “Olqishlar ayting Xudoga buyuk jamoa ichra, Hamdu sanolar o‘qing Egamizga, Ey Isroilning manbaidan paydo bo‘lganlar!” Ularning eng kichigi Benyamin qabilasi oldinda keladi, Ortidan to‘p bo‘lib Yahudo shahzodalari keladi, Zabulun, Naftali shahzodalari ularga ergashadi. Ey Xudo, ko‘rsatgin qudratingni! Ey Xudo, ilgarigiday namoyon qil kuchingni! Quddusdagi Ma’bading haqi–hurmati Shohlar Senga hadyalar keltiradi. Misrga, qamishzor orasidagi o‘sha yovvoyi hayvonga tanbeh ber, Xalqlarga, o‘sha buqalar podasiga, buzoqlariga tanbeh bergin. Senga ta’zim qilib, kumushlarini nazr qilishsin. Urushdan lazzatlanuvchi bu xalqlarni to‘zg‘itgin. Misrdan bronza keltiriladi, Habashiston Senga qo‘llarin cho‘zib, ey Xudo, O‘lpon to‘lashga shoshilib qoladi. [33-34] Xudoni tarannum eting, ey yer yuzi shohliklari, Samolar — azaliy samolar uzra chiqqan, Haybatli ovozi gulduragan Rabbiyga hamdu sanolar kuylang. *** Hammaga e’lon qiling Xudoning qudratini, Uning ulug‘vorligi Isroil ustidadir, Uning qudrati samolardadir. Xudo qo‘rqinchlidir O‘zining Muqaddas maskanida, Isroil xalqining Xudosi kuch–qudrat berar O‘z xalqiga. Xudoga olqishlar bo‘lsin! Ijrochilar rahbariga. “Nilufar” kuyiga aytilgan. Dovud sanosi. Ey Xudo, meni O‘zing qutqar, Suvlar bo‘g‘zimga qadar ko‘mdi. Botqoqqa cho‘kib borayotirman, Oyog‘imni qo‘ygani qattiq yer yo‘q. Chuqur suvlarga botib ketdim, Endi to‘lqinlar meni yutmoqda. Madad so‘rab, sillam quridi, Tomoqlarim qaqrab ketdi, Ey Xudoyim, Seni kutib, ko‘z nurim so‘ndi. Sababsiz mendan nafratlanganlar Boshimdagi sochimdan ham ko‘pdir. Ko‘pchilik sababsiz menga dushmandir, Ular jonimga qasd qilmoqchilar. Men o‘g‘irlamagan narsalarni ular Qaytib ber, deb meni majbur qilmoqdalar. Ey Xudo, aqlsizligimni O‘zing bilasan, Ayblarim Sendan aslo yashirin emas. Ey Sarvari Olam — Rabbiy, Sendan umid qilganlar Men tufayli uyatga qolmasinlar. Ey Isroil xalqining Xudosi, Senga yuz burganlar Men tufayli sharmanda bo‘lmasinlar. Seni deb haqoratga chidadim, Xijolatdan yuzlarim shuvut. Aka–ukalarimga go‘yo begonadayman, Tug‘ishganlarim orasida musofirdayman. Sening uyingga bo‘lgan sevgim ichimni yondirar, Seni haqoratlaganlar meni haqorat qilgan bo‘lar. Faryod qilib, ro‘za tutganimda, Men masxara bo‘ldim. Kulfatda qolib, qanor kiyganimda, Ular ustimdan kuldilar. Shahar darvozasi oldida o‘tirganlar Meni g‘iybat qilarlar, Mast–alastlar men to‘g‘rimda qo‘shiq aytarlar. Men esa, ey Egam, Senga ibodat qilaman. Ma’qul vaqtda, sodiq sevging soyasida, ey Xudo, Ishonchli najoting bilan javob ber menga. Meni qutqargin, botqoqqa botib ketmay, Mendan nafratlanganlardan xalos bo‘lay, Meni chuqur suvlardan saqlagin. To‘fon meni g‘arq qilmasin, Tubsiz suvlar meni yutmasin, Qabr menga og‘zin ochmasin. Javob ber ibodatimga, ey Egam, Naqadar ezgudir sodiq sevging, Buyuk shafqating ila menga yuz burgin. Men, O‘z qulingni jamolingdan bebahra qilma, Kulfatda qolganman, javob ber tezda. Yaqinroq kel, qutqargin meni, Dushmanlarimdan xalos qil meni. Haqoratga duchor bo‘lganim, Sharmandayu sharmisor bo‘lganim O‘zingga ravshan. Hamma dushmanlarimni bilasan. Haqoratlar qalbimni yaralab, Tushkunlikka tushirdi. Bir hamdard izladim, hech kim yo‘q edi, Tasalli beruvchi izladim–u, topmadim. Ovqatimga ular zahar soldilar, Chanqaganimda menga uzum sirkasi berdilar. Dasturxonlari o‘zlariga tuzoq bo‘lsin, Hamtovoqlari uchun qopqon bo‘lsin. Ko‘z nurlari so‘nsin, ko‘rmayin qolsin, Bellari to abad bukchayib qolsin. Ular ustiga g‘azabingni sochgin, Qahring alanga olib, ularni yutib yuborsin. Ularning makoni tashlandiq bo‘lib qolsin, Chodirlarida tirik bir jon qolmasin. Sen urgan insonlarni ular ta’qib qiladi, Sen bergan yara azoblarini ular g‘iybat qiladi. Gunohlari ustiga gunoh qo‘shgin, Ularni Sen oqlamagin. Nomlari hayot kitobidan o‘chirilsin, Solihlar bilan yonma–yon yozilmasin. Men azobda, kulfatda qolganman, Ey Xudo, najoting meni himoya qilsin. Nomini kuylab, Xudoni madh qilaman, Shukr aytib, Uni maqtayman. Buqadan, shoxli, tuyoqli buzoqdan ko‘ra, Hamdlarim Egamni ko‘proq mamnun qiladi. Mazlumlar buni ko‘rib, sevinsin, Xudoga intilayotganlar dadil bo‘lsin. Egamiz muhtojlarni eshitadi, Asir bo‘lgan xalqidan nafratlanmaydi. Osmonu yer Egamizni madh aylasin, Dengizlaru ulardagi jonzotlar madh aylasin. Xudo Quddusga najot beradi, Yahudo shaharlarini qayta tiklaydi, Xalq o‘rnashib, u yerni mulk qiladi. Xudo qullarining avlodi u yerni egallaydi, Xudoni sevganlar u yerni maskan qiladi. Ijrochilar rahbariga. Bizni Egamizning yodiga solish uchun aytilgan. Dovud sanosi. Ey Xudo, najot ber menga, Kelgin tezda, ey Egam, madad ber menga. Jonimga qasd qilganlar sharmanda bo‘lsin, Niyatlari barbod bo‘lsin. Halokatimni istaganlar uyatda qolsin, Sharmandayu sharmisor bo‘lsin. “Holing qalay endi?!” deb meni masxaralaganlar Sharmanda bo‘lib, orqaga qaytsin. Senga yuz burganlarning hammasi Sen tufayli sevinch, shodlikka to‘lsin. Sening najotingni sevganlar: “Xudo buyukdir!” deb doimo aytsin. Eh, men g‘arib, bechoraman, Tezda kelgin menga, ey Xudo! Madadkorim, najotkorim O‘zingsan, Kechikmagin, ey Egam! Ey Egam, Senda men panoh topaman, Sharmanda bo‘lishimga aslo yo‘l qo‘ymagin. Adolatlisan, saqla meni, qutqargin, Eshitgin, meni xalos qilgin. Mening panoh qoyam bo‘lgin, Har doim Senga bora olay. Meni qutqarmoq uchun amr berding. Chindan ham, Sen suyangan qoyamsan, qal’amsan. Ey Xudoyim, fosiqning qo‘lidan meni qutqargin, Adolatsiz, zolim odamning iskanjasidan qutqargin. Sen, ey Egam Rabbiy, mening umidimsan, Yoshligimdan Senga umid bog‘laganman. Tug‘ilganimdan buyon Senga suyandim, Onamning qornidan meni olib chiqqansan, Doimo Senga hamdu sano aytaman. Hayotim ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ldi, Chunki Sen mening mustahkam panohimsan. Og‘zimdan aslo tushmas Senga hamdu sanolar, Kun bo‘yi shuhratingni e’lon qilaman. Keksaygan chog‘imda meni tashlab qo‘ymagin, Quvvatim ketganda, meni tark etmagin. Axir, dushmanlarim menga qarshi til biriktiradi, Birga fitna qilib, meni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Dushmanlarim aytar: “Xudo tark etgan uni, Quvinglar, ushlanglar uni, Uni qutqaradigan hech kimsa yo‘qdir.” Ey Xudo, mendan uzoq ketmagin, Tez kel, ey Xudoyim, menga madad ber! Meni ayblovchilar sharmandalikdan yerga kirib ketsin, Menga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlar Masxara bo‘lsin, badnom bo‘lsin. Men esa doimo Senga umid bog‘layman, Yanada ko‘p hamdu sano aytaman. Menga qilganlaringdan hayratga tushdim, Adolatingni har kimga hikoya qilaveraman, Najotingni kun bo‘yi so‘ylayveraman. Qudratli ishlaringni madh qilaman, ey Egam Rabbiy, Yolg‘iz Sening odilligingni madh qilaman. Ey Xudo, yoshligimdan menga Sen ta’lim bergansan, Ajoyib ishlaringni hamon aytib yuraman. Sochlarim oqarib, keksayganimda, Meni tark etmagin, ey Xudo! Kelgusi avlodlarga kuching haqida aytay, Mendan keyin keladiganlarga Qudrating haqida aytib beray. Adolating samolarga yetadi, ey Xudo, Buyuk ishlar qilding Sen, Senga o‘xshagan kim bor, ey Xudo?! Duchor qilding meni ko‘p kulfat, azoblarga, Meni yana hayotga qaytarasan, Yer ostidan yana meni chiqarib olasan. Shuhratimni yana yuksaltirasan, Menga yana taskin berasan. Arfa chalib Senga hamdu sano aytaman, Sening sadoqatingni kuylayman, ey Xudoyim. Lira chalib, Seni tarannum qilaman, Ey Isroil xalqining muqaddas Xudosi! Seni madh qilib kuylaganimda, Dudoqlarim shodlikdan hayqiradi. Meni Sen qutqargansan. Menga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlar Sharmandayi sharmisor bo‘ldilar. Kun bo‘yi tilim adolating haqida so‘ylaydi. Sulaymon sanosi. Ey Xudo, shohga adolatingni bergin, Shoh o‘g‘liga to‘g‘ri hukm chiqarishni o‘rgatgin. Sening xalqingni u adolat ila hukm etsin, Bechoralarni u to‘g‘rilik bilan hukm etsin. Tog‘lar xalqqa rohat–farog‘at olib kelsin, Tepaliklar haqiqat samarasini keltirsin. Shoh xalqning qashshoqlarini himoya qilsin, Bechoralarning bolalariga najot bersin, Zolimlarni ezib tashlasin. Nasllar osha quyoshu oy samoda turganday, Uning umri ham shunchalik uzoq bo‘lsin! Shohimiz o‘xshasin o‘rilgan dalaga, Yoqqan huzurbaxsh yomg‘irga, Yerni sug‘organ sharros yomg‘irga. Uning davrida solih yashnasin, Dunyo turguncha mo‘l–ko‘lchilik bo‘lsin. U bir dengizdan ikkinchisiga qadar, Furot daryosidan tortib, Yer yuzining to‘rt tomoniga hukmronlik qiladi. Shoh oldida cho‘l qabilalari tiz cho‘ksin, Uning dushmanlari tuproq yalasin. Dengiz ortidagi yurtlarning shohlari, Tarshish shohlari unga o‘lpon olib kelsinlar. Shava hamda Savo shohlari Unga hadyalar keltirsinlar. Hamma shohlar unga ta’zim aylasin, Hamma xalqlar unga xizmat qilsin. Mazlum nola qilganda, shoh najot beradi, Madadkori yo‘q bechorani u qutqaradi. Zaif, bechoraga u shafqat ko‘rsatadi, Mazlumlarning hayotini saqlaydi. Mazlumlarni jabr–zulmdan xalos qiladi, Mazlumlar qoni uning nazarida azizdir. Shohning umri uzoq bo‘lsin! Shavaning oltini uniki bo‘lsin, Xalq doimo u uchun ibodat qilsin, Kun bo‘yi duo qilib, uni olqasin. Yurtda don mo‘l–ko‘l bo‘lsin, Tepaliklar ustida don boshoqlari chayqalib tursin. Lubnon tog‘larida bo‘lgani kabi hosili unumli bo‘lsin. Daladagi giyohlar kabi shaharlari odamga to‘lsin. Shohning nomi mangu yashasin, Uning dong‘i quyosh turguncha bor bo‘lsin, Barcha xalqlar u orqali baraka topsin, Xalqlar uni: “baxtiyor”, deb aytsin. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga Olqishlar bo‘lsin. Ajoyib ishlar qiladigan yolg‘iz Udir. Egamizning ulug‘vor nomiga to abad olqishlar bo‘lsin, Butun yer yuzi Uning shuhrati bilan to‘lsin. Omin! Omin! Essay o‘g‘li Dovudning ibodatlari nihoyasiga yetdi. Osifning sanosi. [1] Haqiqatdan ham, Isroil xalqiga, Yuragi pok bo‘lganlarga Xudo himmat qilar. Oyoqlarim toyib ketay, dedi, Sal bo‘lmasa sirpanib yiqilay, dedim. Fosiqning yashnayotganini ko‘rganimda, Takabburlarga hasad qildim. Ular og‘riq nimaligini bilmaydi, Tanalari soppa–sog‘, baquvvat. Boshqalarday ular dard tortmaydi, Boshqalarday ular azob chekmaydi. Kiborlik ularning bo‘ynidagi marjon bo‘ladi, Zo‘ravonlikni ular libos qilib kiyib olgan. Ularning ko‘zlarini yog‘ bosib qolgan, Xayollarida ahmoqona niyatlar to‘lib–toshgan. Takabburlar masxaralab, xusumat bilan gapiradi, Mag‘rurlanib, zulm bilan tahdid qiladi. Fosiqlar og‘izlari bilan osmonga da’vo qiladi, Tillari bilan yer yuzini mulk qilib oladi. Shu bois har kim ularga yuz buradi, Ularning so‘zlarini suv kabi ichadi. Yana ular shunday deydilar: “Xudo qanday qilib bila oladi?! Xudoyi Taolo nimani ham bilardi?!” Fosiqlar ana shunaqa! Doimo betashvish boylik orttiradi. Ha, men bekorga yuragimni pok tutgan ekanman–da! Aybsizman, deya bekorga qo‘llarimni yuvibman–da! Axir, kun bo‘yi azob tortaman, Har kun ertalab jazo olaman. Men ham fosiq gaplarni gapiraverganimda, Sening sodiq farzandlaringga xoinlik qilgan bo‘lar edim. Ammo bularni tushunay, desam, Bu ish juda ham mashaqqatli tuyuldi. Xudoning Muqaddas maskaniga kirdim, Shundagina fosiqlar qismati ne bo‘lishini tushundim. Ey Xudo, chindan ham ularni sirpanchiq yerga qo‘ygansan, Ularni jarlikka uloqtirib, barbod qilasan. Ular birdan qirilib ketadi, Vahimadan qirilib, yo‘q bo‘ladi. Ularning hayoti faqat tushdir, Uyg‘onganlarida unut bo‘ladi. Sen ham qo‘zg‘alganingda, ey Rabbiy, Ularning hayotiga chek qo‘yasan. G‘amga to‘lgan paytlarimda, Yuragimda dard paydo bo‘lganda, Men nodon, johil bo‘lgan ekanman, Qarshingda ongsiz hayvon kabi bo‘lgan ekanman. Shunday bo‘lsa ham, doimo Sen bilanman, Sen o‘ng qo‘limdan ushlagansan. O‘gitlaring bilan menga yo‘l ko‘rsatasan, Oxiri meni shon–shuhrat ila kutib olasan. Sendan boshqa kimim bor samoda?! Sendan o‘zgasini istamasman yer yuzida. Tugab borishi mumkin tanamu qalbim, Ammo Sen, ey Xudo, qalbimning quvvatisan, Sen to abad barqarorligimsan. Sendan uzoq bo‘lganlar halok bo‘ladi, Qirib tashlaysan Senga sodiq bo‘lmaganlarni. Ey Xudo, Senga yaqin bo‘lganim esa menga yaxshidir. Ey Egam Rabbiy, Seni panohim qilib oldim, Sening hamma ishlaringni aytib yuraman. Osifning qasidasi. [1] Ey Xudo! Nechun bizni to abad rad etasan?! Nechun yaylovdagi qo‘ylaringga g‘azabingni sochasan?! Azalda O‘zingniki qilib olgan xalqingni yodingda tut. O‘zimning mulkim bo‘lsin, deb qutqargan xalqingni, O‘zing maskan qilgan Sion tog‘ini yodingda tut. Dahshatli bu xaroba tomon qadam bosib ko‘r. Qara, Muqaddas maskandagi borini g‘anim yo‘q qildi. G‘animlaring shovqin–suroni Muqaddas maskaningni to‘ldirdi, Bayroqlarini ular belgi qilib o‘rnatdi. O‘zlarini boltasi bor odamday tutdilar, O‘rmondagi daraxt kesuvchilarday tutdilar. So‘ngra boltayu cho‘kichlar bilan Parchaladilar uning o‘ymakor ishlarini. Muqaddas maskaningga o‘t qo‘ydilar, Sen ulug‘lanadigan makonni harom qildilar, Ma’badingni yer bilan bitta qildilar. “Ularni tamomila qirib tashlaymiz”, deb o‘z ko‘nglida aytdilar, Yurtdagi barcha sajdagohlarni yoqib tashladilar. Bironta ham payg‘ambar qolmadi, Mo‘jiza alomatlarini topa olmaymiz, Qachongacha davom etar bu — birontamiz bilmaymiz. Qachongacha ey Xudo, g‘anim Seni masxara qilar?! Seni dushman to abad haqorat qilarmi?! Nechun o‘ng qo‘lingni ishga solmaysan?! Qo‘lingni qo‘yningdan chiqarib, Ularni qirib tashlagin! Ey Xudo, azaldan mening shohimsan, Yer yuziga Sen najot olib kelasan. Qudrating bilan dengizni bo‘lgan Sensan, Dengiz ajdarlarining boshini majaqlagansan. Maxluq Levitanning boshlarini ezib tashlagansan, Cho‘l jonzotlariga uni yemish qilib bergansan. Buloqlaru anhorlarni ochgan Sensan, Oqar daryolarni quritgan ham Sensan. Kunduz Senikidir, tun ham Seniki, Quyosh va oyni bunyod etgansan. Zaminning chegarasini Sen o‘rnatgansan, Yoz va qishni ham o‘rnatgan Sensan. Ey Egam, dushmanning masxaralashini, Ahmoq odamlar Seni haqoratlashini yodingda tut. Kaptarlaring hayotini yovvoyi hayvonlarga berma, Mazlum xalqingning hayotini to abad unutma. Biz bilan qilgan ahdingni esla, Yurtdagi zulmat joylar zo‘ravonlikka to‘la. Mazlum sharmandalikka duchor bo‘lmasin, Faqiru bechora Senga hamdu sano aytsin. Qani, ey Xudo, da’voingni isbot qilgin, Ahmoqlar kun bo‘yi Seni masxara qilishini yodda tut. Dushmanlaring shovqin–suroni ko‘tarilaveradi, Ularning baqir–chaqirig‘ini e’tiborsiz qoldirma. Ijrochilar rahbariga. “Xarob etma” kuyiga aytilgan. Osifning sanosi. Qo‘shiq. Ey Xudo, Senga shukrlar aytamiz, Shukrlar aytamiz, Sen bizga yaqinsan, Mo‘jizalaring haqida odamlar gapiradi. Xudo aytar: “Belgilangan vaqtni tanlayman, Haqqoniylik bilan hukm qilaman. Zamin va undagi insonlar titragan paytda Zamin ustunlarini mahkam ushlagan Menman.” Maqtanchoqlarga Xudo aytar: “Maqtanmagin”, Fosiqqa aytar: “Kuching bilan maqtanmagin. Gerdayib, samolarga kuchingni ko‘rsatma, Qaysarlarcha kiborlik bilan gapirma.” Hech kim sharqdan yoki g‘arbdan yoxud sahrodan Insonni yuksaltira olmaydi. Hukm qiladigan Xudodir, Birovni U yiqitar, boshqasini yuksaltirar. G‘azab kosasi Egamizning qo‘lida, Ziravor qo‘shilgan ko‘pikli sharobga to‘la. U sharobni quyadi, Olamdagi jamiki fosiqlar esa Quyqumigacha ichib tugatadi. Men to abad Yoqubning Xudosi haqida gapiraman, Uni hamdu sano ila tarannum etaman. Xudo aytar: “Fosiqlarning kuchini qirqaman, Solihlarning qudratini oshiraman.” Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Osifning sanosi. Qo‘shiq. Yahudo yurtida Xudo mashhurdir, Isroilda Uning nomi buyukdir. Uning chodiri Quddusdadir, Makoni Siondadir. O‘sha yerda sindirdi otashday o‘qlarni, Qalqonu qilichni, jang qurollarini. Ey Xudo, naqadar buyuksan! O‘ljaga boy tog‘lardan Sen ulug‘vorsan! Jasur askarlar o‘lja bo‘lib yotibdi, Ular o‘lim uyqusiga ketgan. Bironta jangchining Qo‘l ko‘tarishga kuchi qolmadi. Ey Yoqubning Xudosi! Sening hayqirig‘ingdan, Otlaru chavandozlar karaxt bo‘lib yotibdi. Chindan ham Sen qo‘rqinchlisan, Kim bardosh bera olar Sening qarshingda, G‘azabing qo‘zg‘algan paytda?! [9-10] Samolardan hukmingni e’lon qilding! Ey Xudo! Sen hukm qilay, deb, Olamdagi mazlumlarni qutqaray, deb qo‘zg‘alding. Shunda yer yuzi qo‘rqib sukutda qoldi. *** Insonga bo‘lgan g‘azabing O‘zingga hamdu sano keltirar, G‘azabingdan qutulganlarni atrofingga to‘playsan. Egangiz Xudoga ontingizni ado qilinglar, Qo‘rqinchli Xudoga atrofidagilari Hadyalar olib kelsinlar! Xudo takabbur shahzodalarni bo‘ysundirib oladi, Yer yuzi shohlarini qo‘rquvga soladi. Ijrochilar rahbari Yodutunga. Osifning sanosi. Faryod qilib, Xudoga yolvoraman, Eshitgin meni, deb Xudoga hayqiraman. Qayg‘uli kunimda Rabbiyga intildim, Tunda qo‘llarimni ko‘tarib iltijo qildim, Jonim tasalli topishni rad etdi. Ey Xudo, Seni o‘ylaganimda, Fig‘on chekaman, ruhim zaiflashadi. Tun bo‘yi Sen meni bedor qilding, Tilim kalimaga kelmas ruhan azoblanganimdan. Oldingi kunlar haqida o‘ylab yurdim, Eski davrlarni eslab yurdim. Tun bo‘yi o‘zim bilan o‘zim suhbat qurdim, Qalbim xayolga berilib, ruhim so‘rab–surishtirdi: “Rabbiy to abad bizni rad etarmikan? Hech qachon shafqat ko‘rsatmasmikan? Uning sodiq sevgisi to abad yo‘qolganmi? Uning va’dalari bir umrga tamom bo‘lganmi? Xudo shafqatli bo‘lishni unutib qo‘ydimi? Rahmdillik o‘rnini g‘azab egalladimi?” O‘zimga o‘zim dedim: “ Xudoyi Taolo o‘ng qo‘li orqali Endi bizga yordam bermayapti. Bu mening kulfatimdir.” Ey Egam, ishlaringni men yodga olaman, Azaliy mo‘jizalaringni esga olaman. Hamma ishlaringni xayolimdan o‘tkazaman, Qudratli ishlaring haqida fikr yuritaman. Sening yo‘ling, ey Xudo, muqaddasdir, Qaysi Xudo Senday buyukdir?! Mo‘jizalar yaratuvchi Xudo Sensan, Xalqlar orasida qudratingni ko‘rsatgan Sensan. Qudrating bilan o‘z xalqingni, Yoqub hamda Yusuf nasllarini qutqargansan. Ey Xudo, suvlar Seni ko‘rganda, Ha, suvlar seni ko‘rganda, qo‘rqib ketdilar, Tubsiz dengizlar larzaga keldi! Bulutlar yomg‘irin quydi, Samolar gumburlab yangradi, O‘qlaring har tomonda Yalt etib paydo bo‘ldi. Gumbur–gumbur eshitildi quyun ichida, Chaqmoqlaring olamni yoritdi, Zamin titrab, tebrandi. Yo‘ling dengiz orqali o‘tdi, So‘qmog‘ing bahaybat suvlardan o‘tdi, Izlaring esa ko‘rinmas edi. Xalqingni qo‘y suruviday yetaklab bording, Muso, Horunni rahnamo qilib tanlading. Osifning qasidasi. [1] Quloq soling, ey xalqim, o‘gitlarimga, Quloq tuting og‘zimdan chiqqan so‘zlarga. Og‘zimni ochaman masalga, O‘tmishning sirli saboqlarin o‘rgataman sizga. Bularni aytgan edi ota–bobolarimiz, Ulardan eshitganmiz, bilamiz. Egamizning hamdga loyiq ishlarini, Uning qudratini, U qilgan ajoyibotlarni Biz yashirmaymiz ularning bolalaridan, Hikoya qilarmiz kelgusi avlodlarga ham. Yoqub nasliga U farmon berdi, Isroilga qonun tayinladi Ota–bobolarimizga amr berib: “Bolalaringizga o‘rgating”, dedi. Toki kelajak nasllar bularni bilsin, Bilsin hatto tug‘ilmagan bolalar, O‘z navbatida bolalariga aytsin ular. Bolalari ham umidini bog‘lasin Xudoga, Xudoning ishlarini unutib qo‘ymay, Rioya etsin Uning amrlariga. Toki ular ota–bobolariga o‘xshab, O‘jar, isyonkor nasl bo‘lmasin. Yuragida Xudoga sadoqat bo‘lmagan, Ruhan beqaror nasl bo‘lmasin. O‘q–yoy bilan qurollangan Efrayim jangchilari Jang kunida ortiga qaytdi. Ular Xudoning ahdiga rioya qilmadi, Uning qonunlari bo‘yicha yurishni rad qildi. Ular unutdilar Xudoning qilgan ishlarini, Xudoning ularga ko‘rsatgan mo‘jizalarini. Misr diyoridagi Zo‘van tekisligida, Ularning ota–bobolari ko‘z o‘ngida Xudo mo‘jizalar ko‘rsatgandi. Dengizni yorib, o‘rtasidan ularni o‘tkazdi, Suvlarni devor kabi tik qilib qo‘ydi. Kunduzi ularni bulut orqali yetakladi, Tun bo‘yi alanga yorug‘i orqali yetakladi. U sahrodagi qoyalarni parchaladi, Dengizday mo‘l–ko‘l suvni ularga berdi. Qoyadan irmoqlarni chiqardi, Suvlarni daryolarday oqizdi. Ular sahroda Xudoyi Taologa qarshi isyon qilib, Unga qarshi gunoh qilaverdilar. Ular ataylab Xudoni sinadilar, Ko‘ngli tusagan ovqatni talab qildilar. Ular Xudoga qarshi so‘zlab, dedilar: “Sahroda Xudo bizga dasturxon yoza olarmidi?! Mana, U qoyaga urganda, Suv daryo–daryo bo‘lib oqdi, Irmoqlar to‘lib–toshdi. Endi U O‘z xalqiga non bera olarmikan? Xalqini go‘sht bilan ta’minlay olarmikan?” Egamiz ularning gapini eshitib, Qattiq g‘azabga mindi. Yoqub nasliga qarshi g‘azab alangasini purkadi, Ha, Isroil nasliga qarshi qahrini sochdi. Ular Xudoga ishonmadilar, Uning najotiga tayanmadilar. Xudo samolardan turib amr berdi, Osmonning qopqalarini ochib yubordi. Ular yesin, deb manna yog‘dirdi, Osmonning donini ularga berdi. Odamzod farishtalar nonidan yedi, Xudo ularga mo‘l–ko‘l taom yubordi. U samolardan sharq shamolini estirdi, Qudrati bilan janub shamoliga yo‘l ko‘rsatdi. U changday mo‘l qilib, xalqiga go‘sht yog‘dirdi, Ha, dengizdagi qumday mo‘l qilib qushlar yog‘dirdi. Bularni ularning qarorgohiga yog‘dirdi, Ularning chodirlari atrofiga tushirdi. Ular to‘ygunlaricha yedilar, Xudo ularga ko‘ngillari tusaganini berdi. Biroq hali ko‘ngli tusaganiga to‘ymagan, Luqmalari hali ularning og‘izlarida ekan, Xudo g‘azabini ularga sochdi, Ularning kuchlilarini o‘ldirdi, Isroilning gulday yigitlarini yer tishlatdi. Shularga qaramay, ular gunoh qilaverdilar, Xudoning mo‘jizalariga ishonmadilar. Xudo ularning kunlarini bir nafasday bitirdi, Ularni vahimaga solib, umrlarini barbod qildi. Ba’zilarini Xudo o‘ldirdi, Shundagina qolganlari Unga intildi, Tavba qilib, yana Xudoga qaytdi. Ular shunday deb esladilar: “Ha, Xudo suyangan qoyamiz, Bizning qutqaruvchimiz Xudoyi Taolo.” Ammo Xudoga xushomad qilardilar, Unga tillari bilan yolg‘on so‘zlashardi. Yuraklarida esa Xudoga sodiq emas edilar, Uning ahdiga bevafolik qildilar. Xudo–chi, shafqat qildi, Kechirdi ularning gunohlarini, Qirib tashlamadi ularni, Ko‘pincha U g‘azabini bosdi, Butun g‘azabini sochmadi. Xudo esladi: “Ular shunchaki bandalardir, Esib, boshqa qaytib kelmas shamoldir.” Sahroda Xudoga qanchalar ko‘p isyon qildilar! Dashtu biyobonda Uni xafa qildilar. Xudoni ular takror–takror sinadilar, Isroil xalqining Muqaddas Xudosini ranjitdilar. Ular Xudoning qudratini, Ularni dushmandan qutqargan kunni esdan chiqardilar. Xudo Misrda ko‘rsatgan mo‘jizalarni, Ha, Zo‘van tekisligida ko‘rsatgan ajoyibotlarni unutdilar. Misrdagi daryolarni Xudo qonga aylantirdi, Misrliklar irmoqlardan suv icholmay qoldi. Ularni yeb bitirsin, deya pashshalar galasini yubordi, Yurtni vayron qilsin, deya qurbaqalar yubordi. Ularning hosilini Xudo chigirtkalarga yem qildi, Ularning mehnati mahsulini chigirtkalarga berdi. Uzumzorlarini do‘l bilan yakson qildi, Shikamora–anjir daraxtlarini jalada nobud etdi. Ularning chorvasini do‘lga duchor qildi, Ularning podasini yashin alangasiga berdi. Buzg‘unchi farishtalari to‘dasini yuborganday Xudo ularga alangali g‘azabini, qahrini, Nafratini hamda musibatni sochdi. U Misrdan g‘azabini qaytarmadi, Ularning jonlariga shafqat qilmadi, Ularni vaboga duchor qildi. Misrning hamma to‘ng‘ichlarini urdi, Ha, Xom avlodlarining uylaridagi Qudratining ilk hosilini yo‘q qildi. O‘z xalqini esa Xudo qo‘yday yetaklab chiqdi, Ularni sahro bo‘ylab suruvday boshlab bordi. Egamiz eson–omon boshlab bordi, Ular qo‘rqmadilar, Ularning g‘animlarini esa dengiz yutdi. Egamiz xalqini O‘z muqaddas yurtiga, O‘z kuchi bilan qo‘lga kiritgan toqqa olib keldi. O‘z xalqining oldidan boshqa xalqlarni quvdi, Ularning yurtini mulk qilib bo‘lib berdi, Isroil qabilalarini ularning chodirlarida o‘rnashtirdi. Ular hamon Xudoyi Taoloni sinardilar, Unga qarshi isyon qilib, farmonlariga bo‘ysunmadilar. Otalari kabi bevafolik qilib, xoinlik qildilar, Yaroqsiz kamonga o‘xshab ishonchsiz chiqdilar. Sajdagohlari bilan ular Xudoni g‘azablantirdilar, Butlari bilan Uning rashkini qo‘zg‘atdilar. Bularni eshitganda Xudo, g‘azabga mindi, Shundan so‘ng Isroilni tamom rad etdi. U Shilo‘dagi O‘z maskanini, Insonlar orasida tikkan chodirini tark etdi. Dushmanga asirlikka berdi ahd sandig‘ini, O‘zining qudratiyu shuhrati ramzini. O‘z xalqini U qilichga ro‘para qildi, G‘azabini tanlagan xalqiga sochdi. Yigitlarini alanga yamlamay yutdi, Qizlari nikoh qo‘shiqlarini aytolmay qoldi. Ruhoniylari qilich tig‘idan yiqildi, Ruhoniylar bevalari aza tutolmay qoldi. Shunda Rabbiy qo‘zg‘aldi uyqudan uyg‘onganday, Sharobdan hayqirayotgan bahodirday. Dushmanlarini U tirqiratib quvdi, Ularni abadiy sharmandalikka duchor qildi. Xudo Yusuf chodirini rad etdi, Efrayim qabilasini tanlamadi. Uning o‘rniga Yahudo qabilasini, O‘zi sevgan Sion tog‘ini tanladi. Abadiy o‘rnatgan yer kurrasi kabi, Samolar kabi O‘z muqaddas maskanini qurdi. Xudo O‘z quli Dovudni tanlab oldi, Qo‘y qo‘rasidan uni chaqirib oldi. U Dovudni sovliq qo‘y, qo‘zilarga cho‘ponlikdan oldi. O‘zining xalqi Isroilga, Yoqub nasliga cho‘pon qilib tayinladi. Dovud ularga halollik bilan cho‘ponlik qildi, Mohirlik bilan ularni yetaklab bordi. Osifning sanosi. [1] Ey Xudo, begona xalqlar Tanlagan yurtingni bosib oldi, Ular Muqaddas Ma’badingni bulg‘adi, Quddusni vayronaga aylantirdi. Biz qullaringmiz. Ular qullaringning jasadlarini Qushlarga yemish qilib berdilar. Taqvodor xalqingning etini Zamindagi yovvoyi hayvonlarga berdilar. Quddus atroflarida ular qonimizni suvday to‘kdi, Jasadlarni dafn qilishga biron zot qoldirmadi. Qo‘shnilarimiz oldida masxara bo‘ldik, Atrofimizdagilarga kulgi, o‘yinchoq bo‘ldik. Ey Egam, qachongacha bizdan g‘azablanasan? To abadmi? Qachongacha rashking alangaday yonadi? Seni tan olmaydigan xalqlar uzra, Senga sajda qilmaydigan shohliklar uzra G‘azabingni sochgin. Ular xalqing Isroilni yeb bitirdi, Yurtini tashlandiq sahroga aylantirdi. Bizga otalarimiz gunohlarini eslatma, Bizga tezda shafqatingni ko‘rsat, Axir, biz oyoq osti bo‘lib ketdik–ku! O‘z shuhrating haqi, bizga madad ber, Ey najotkorimiz Xudo! O‘z noming haqi, bizni qutqar, Gunohlarimizni kechir. Nima uchun begona xalqlar: “Qayerda ekan–a ularning Xudosi”, deya aytmog‘i kerak?! Xalqlardan o‘ch olganingni biz ko‘raylik, Axir, ular bizning qonimizni to‘kkan. Asirlaring fig‘onlarini eshitgin, Buyuk qudratingni namoyish qilib, O‘limga mahkum bo‘lganlarni qutqargin. Ey Rabbiy, qo‘shni xalqlar Seni haqoratlagani uchun Ularga yetti baravar qaytargin. Biz Sening xalqing, yaylovdagi suruvingmiz, Senga to abad shukr aytarmiz, Nasldan naslga Seni takror madh qilarmiz. Ijrochilar rahbariga. “Nilufar gullar” kuyiga aytilgan. Osifning guvohligi. Sano. [2-3] Tingla bizni, ey Isroilning Cho‘poni, Yusuf naslini qo‘y suruviday yetaklab chiqqan Sensan, Karublar o‘rtasida taxt qurgansan, Efrayim, Benyamin, Manashe oldida nuringni soch. Qudratingni ko‘rsat, bizni qutqargani kel. *** Ey Xudo, bizni oldingi holimizga qaytargin, Jamoling bizga nurlarini sochsin, najot topaylik. Ey Parvardigori Olam — Egamiz, Qachongacha g‘azablanib, ibodatimizni rad etasan? Ko‘z yoshlar berding bizga non o‘rniga, Chelak to‘la ko‘z yoshlarni bizga ichirding. Qo‘shnilar bizdan nafratlanishiga imkon berding, Dushmanlarimiz bizni masxara qilmoqda. Ey Parvardigori Olam, bizni oldingi holimizga qaytargin, Jamoling bizga nurlarini sochsin, najot topaylik. Tok novdasini sug‘urganday, Bizni Misrdan keltirding. Begona xalqlarni quvib, bizni o‘tqazding. Biz uchun tuproq tayyorlading, Ildiz otib, yurtni to‘ldirdik. Tog‘lar bizning soyamiz bilan qoplandi, Bahaybat sadrlar ham novdalarimiz bilan qoplandi. Biz shoxlarimizni dengizgacha yoydik, Novdalarimiz Furot daryosigacha cho‘zildi. Nega endi bog‘ning devorlarini buzib tashlading? O‘tgan–ketgan mevalarini yulsin debmi? Yovvoyi to‘ng‘izlar uni xarob qiladi, Yovvoyi jonivorlar undan qornini to‘yg‘izadi. Qayt yana bizga, ey Parvardigori Olam! Nazar solgin, qara samodan, Bu tok novdasini qo‘riqlagin. O‘ng qo‘ling o‘tqazgan ildizni, O‘zing uchun kuchaytirgan shoxchani qo‘riqlagin. G‘animlaring uzum tokingni qirqqan edi, Uzum tokingni olovda yondirgan edi, G‘azabli boqishingdan ular yo‘q bo‘lsin. O‘zing tanlaganingga, O‘zing uchun kuchli qilgan xalqqa tayanch bo‘lgin. Shunda biz hech qachon Sendan qaytmaymiz, Senga sajda qilamiz, bizga hayot ato qil. Ey Parvardigori Olam — Egamiz, Bizni oldingi holimizga qaytargin, Jamoling bizga nurlarini sochsin, najot topaylik. Ijrochilar rahbariga. Soz jo‘rligida. Osifning sanosi. Xudoga, qudratimiz manbaiga Sevinch bilan kuylang, Yoqubning Xudosiga shodlik ila hayqiring! Qo‘shiq kuylang, doira cherting, Xushovoz lira, arfa chaling. Burg‘u chaling yangi oy bayramida, Oy to‘lganda, Bayram kunimizda. Isroil uchun bu qonundir, Yoqubning Xudosi farmonidir. Misr yurti ustiga bostirib borganda, Xudo buni Isroilga qonun qilib berdi. Men notanish bir ovozni eshitdim: “Yukni oldim yelkangizdan, — deydi u. — Qo‘llaringiz savatdan ozod bo‘ldi. Menga faryod qildingiz kulfatda, sizni qutqardim, Bulutlar orasidan sizlarga javob berdim, Mariva suvlarida sizlarni sinadim. Eshiting, ey xalqim, tanbeh beraman sizga, Ey Isroil, koshkiydi quloq solsangiz Menga! Orangizda begona xudolar bo‘lmasin, Boshqa xudolarga sajda qilmanglar. Men sizlarning Egangiz Xudoman, Sizlarni Misr yurtidan Men olib chiqqanman, Og‘zingizni katta oching, Men uni to‘ldiraman. Ey xalqim, siz esa ovozimga quloq solmadingiz, Ey Isroil, Menga itoat etishni rad etdingiz. O‘z bilganingizcha yashang, deya Yuraklaringizni o‘jarligicha qoldirdim. Eh, qaniydi siz Menga quloq solsangiz, Ey Isroil, Mening yo‘llarimdan yursangiz! Tezda dushmanlaringizni bo‘ysundirardim, Sizning g‘animlaringizga zarba berardim. Men, Egangizdan nafratlanganlar Qo‘rquvdan g‘ujanak bo‘lardi, Ularning halokati to abad davom etardi. Sizlarni bug‘doyning eng yaxshisi bilan boqardim, Qoyadan asal chiqarib, sizlarni to‘ydirardim.” Osifning sanosi. [1] Xudo raislik qilar samodagi kengashida, U hukm chiqarar xudolar orasida: “Qachongacha sizlar nohaq hukm qilasiz?! Fosiqqa tarafkashlik qilasiz?! Zaif, yetimlarga adolat ko‘rsating, Mazlum, qashshoqlarning haqini himoya qiling. Zaif, muhtojlarni qutqaring, Fosiqning qo‘lidan ularni ozod eting. Hech narsani bilmaysiz, tushunmaysiz, Sizlar zulmatda yurasiz, Zaminning poydevori larzaga keladi. Aytdimki: ‘Hammangiz xudodirsiz, Xudoyi Taoloning o‘g‘illarisiz.’ Ammo oddiy odamday o‘lib ketasiz, Har qanday hukmdor kabi qulaysiz.” Qani, ey Xudo, olamni hukm qil, Zotan, hamma xalqlar Senikidir. Osifning sanosi. Qo‘shiq. Ey Xudo, sukut saqlamagin, Jimjit bo‘lma, ey Xudo, jim turmagin. Dushmanlaring shovqin–suron solmoqda, G‘animlaring isyon qilmoqda. Ayyorlik bilan ular xalqingga fitna qiladi, Sen ardoqlaganlarga qarshi qasd qiladi. Ular aytar: “Qani, o‘sha xalqning ildizini quritaylik, To abad unutilsin Isroilning nomi.” [6-8] Edomliklar va Ismoil avlodlari, Mo‘abliklar va Hojar nasllari, Gabol, Ommon va Omolek xalqlari, Tir xalqi bilan Filistiya Yakdil bo‘lib fitna qiladi, Senga qarshi ittifoq tuzadi. *** *** Lut nasli bilan ittifoq tuzib, Ossuriya ham ularga qo‘shilgandi. Ularni Midiyonlarni jazolaganingday jazola, Xishon soyligida Sisaro, Yobinni qirganingday jazola. Ular Endo‘rda halok bo‘lgandilar, Yerga tashlangan go‘ngday bo‘lgandilar. Oriv va Zayovday qilib, ularning yo‘lboshchilarini o‘ldir, Barcha shahzodalarini Zevax va Zalmunoday qilgin. Axir, ular: “Xudoning o‘tloqlarini O‘zimizniki qilib olaylik”, dedilar. Ey Xudoyim, ularni xazonday sovurgin, Shamoldagi somonday ularni uchirgin. [15-16] O‘rmonni alanga yondirganday, Ularni bo‘ronlaring ila ta’qib qil. Tepaliklarni olov bilan kuydirganday Ularni dovullaring ila dahshatga sol. *** Yuzlarini sharmandalikdan qizartir, Toki ular, ey Egam, Senga intilsin. Ular doim sharmanda bo‘lib, qo‘rquvga tushsin, Badnom bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketsin. Ular bilsin yolg‘iz Sen Egamiz ekaningni, Sen yer yuzida buyuk hukmdor ekaningni. Ijrochilar rahbariga. Soz jo‘rligida. Ko‘rax naslining sanosi. Sening makoning ajoyibdir, Ey Sarvari Olam! Ey Egam, Sening hovlingga kirmoqni Jonim istar, hatto orziqar. Ey barhayot Xudo! Qalbim, vujudim Sevinch ila Senga kuylar. Ey Sarvari Olam, Shohim, Xudoyim! Qurbongohing yonida chumchuq ham bir uy topgan, Polaponlarim uchun joy topay, deya Qaldirg‘och ham o‘zi uchun bir in qurgan. Baxtlidir Sening uyingda istiqomat qiladiganlar, Ular doim Senga hamdu sano aytarlar. Baxtlidir Sendan qudrat olgan odamlar, Quddusni chin dildan ziyorat qilishga intiladiganlar. Qaqragan soylikdan ular o‘tar ekanlar, Buloqlar oqa boshlar, Ilk yomg‘ir bu yerni suv havzalariga to‘ldirar. Ular yurgan sari kuchayib borar, Ey Xudo, ular Quddusda huzuringda hozir bo‘lar. Ey Parvardigori Olam — Egam, eshit ibodatimni, Ey Yoqubning Xudosi, tinglagin meni. Ey Xudo, qara shohga — qalqonimizga, O‘zing moy surtib tanlaganga lutf qilgin. Sening hovlilaringda o‘tgan bir kun Afzaldir boshqa yerda o‘tgan ming kundan. Bo‘lsaydim, ey Xudoyim, Sening uyingda darvozabon, Fosiqlar chodirlarida yashagandan ko‘ra. Ey Parvardigor Egam, quyosh, qalqonsan, Sen bizga mehribonlik ko‘rsatib, shon–shuhrat ato etasan. Ey Egam, to‘g‘ri yurganlardan Ne’matingni darig‘ tutmaysan. Ey Sarvari Olam, Sendan umid qilgan odam baxtlidir! Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining sanosi. Ey Egam, O‘z yurtingga marhamat ko‘rsatgansan, Yoqub naslini yana farovonlikka erishtirgansan. Xalqingning ayblarini unutgansan, Ularning gunohlarini kechirgansan. Butun g‘azabingni jilovlading, Qahrli g‘azabingdan qaytding. Ey najotkorimiz Xudo, Oldingi holimizga bizni qaytargin, Bizga qarshi bo‘lgan g‘azabingni to‘xtatgin. Sen bizdan to abad g‘azablanasanmi? G‘azabingni nasllar osha cho‘zaverasanmi? Xalqim Menda sevinch topsin, deya Bizga yana yangi hayot baxsh etmaysanmi? Ey Egam, bizga sodiq sevgingni ko‘rsat, Bizga najotingni ato qil. Parvardigor Egamiz aytayotganiga quloq solaman, U O‘z xalqiga, O‘z taqvodorlariga tinchlik va’da qilayotir, Endi ular bema’ni yo‘llariga qaytmasin. Shubhasiz, Egamizdan qo‘rqqanlarga Uning O‘zi najot berishga tayyor turadi, Bizning yerimizda Uning ulug‘vorligi makon topadi Sodiq sevgi va haqiqat uchrashadi, Adolat, tinchlik bir–biri ila o‘pishadi. Haqiqat zamindan o‘sib chiqadi, Adolat samodan turib boqadi. Egamiz chindan ne’matin yog‘diradi, Yerimiz o‘z hosilini beradi. Adolat Egamizning oldida yuradi, Uning qadamlari uchun yo‘l tayyorlaydi. Dovud ibodati. [1] Tinglagin, ey Egam, javob ber menga, Men muhtoj hamda yo‘qsilman. Taqvodorman, jonimni asragin, Senga umid qilaman, men, qulingni qutqargin. Sen mening Xudoyimsan. Shafqat qilgin menga, ey Rabbiy, Kun bo‘yi senga iltijo qilmoqdaman. Men, qulingga shodlik baxsh etgin, Ey Rabbiy, men Senga yuragimni ochaman. Sen, ey Rabbiy, yaxshi, kechirimlisan, Senga iltijo qilganlarga Sodiq sevgingni ko‘rsatasan. Ibodatimga quloq sol, ey Egam, Shafqat so‘rab qilgan iltijoimga diqqat qil. Og‘ir kunda Senga iltijo qilaman, Iltijolarimga Sen javob berasan. Ey Rabbiy, xudolar orasida Hech qaysisi Senga o‘xshamaydi, Bironta buyuk ishni Seniki bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Jamiki xalqlarni Sen yaratgansan, Ey Rabbiy, ular kelib, Senga ta’zim qiladi, Nomingga shuhrat keltiradi. Zero, Sen buyuksan, mo‘jizalar ko‘rsatasan, Sen tanho Xudosan. Yo‘lingni menga ko‘rsat, ey Egam, Toki to‘g‘ri so‘qmoqlaringdan yuray, Menga sobit qalb bergin, Men Sendan qo‘rqayin. Ey Rabbim Xudo, butun yuragim ila Senga shukr aytayin! To abad Sening nomingni ulug‘layman. Menga bo‘lgan sodiq sevging g‘oyat buyukdir, O‘liklar diyoridan jonimni qutqargansan. Ey Xudo, takabburlar menga hujum qilmoqda, Zo‘ravonlar to‘dasi jonim payiga tushgan. Ular Senga aslo e’tibor bermaydi. Sen, ey Rabbiy, rahmdil va inoyatli, Jahli tez chiqmaydigan Xudosan, Sodiq sevging mo‘ldir. Holimga boq, mehr–shafqat qil, Men qulingman, o‘z cho‘ringning o‘g‘liman. Menga qudratingdan ato qil, Meni qutqargin. Marhamating alomatini menga ko‘rsatgin, Toki g‘animlarim buni ko‘rib, sharmanda bo‘lsin. Meni qo‘llab, tasalli bergansan, ey Egam. Ko‘rax naslining sanosi. Qo‘shiq. Egamiz yaratgan shahar muqaddas tog‘da turibdi, Yoqub naslining barcha maskanlaridan ko‘ra, Egamiz Quddus darvozalarini ko‘proq sevadi. Ey Xudoning shahri! Sen to‘g‘ringda Xudo ajoyib so‘zlar aytgan: “Meni e’tirof etadiganlar orasida Misrni, Bobilni, Filistiyani, Tir bilan Habashistonni ham qayd qilaman. Odamlar ularni ham: ‘Quddusda tug‘ilgan’, deb aytadi.” Ha, Quddus haqida odamlar shu so‘zni aytadi: “Har biri o‘sha yerda tug‘ilgan, Xudoyi Taoloning O‘zi Quddusni mustahkam qiladi.” Egamiz xalqlarning ro‘yxatini tuzib: “Bu odam ham Quddusda tug‘ilgan”, deb yozadi. Xonish qilib, raqs tushib ular: “Hayotim manbayi Sendadir”, deb aytadi. Ko‘rax naslining sanosi. Qo‘shiq. Ijrochilar rahbariga. “Qayg‘u–alam” kuyiga aytilgan. Zerax urug‘idan bo‘lgan Xaman qasidasi. Ey Egam, najotkorim Xudo, Kecha–kunduz faryod qilaman oldingda. Ibodatim Senga yetib borsin, Qulog‘ingni dodimga tutgin. Hayotim kulfatga to‘la, O‘zim o‘liklar diyoriga yaqinlashganman. Meni qabrga tushganlar orasida hisoblaydilar, Bemajollarga o‘xshab qolganman. Murdalar orasiga tashlanganman, Qabrda yotgan marhumlarga o‘xshayman, Sen meni o‘shalarday unutgansan, Ular Sening himoyangdan mahrumdirlar. Sen tashlading meni qabrning eng tubiga, Eng zulmat, chuqur joylarga. G‘azabing ustimdan zilday bosadi, Qahring to‘lqinlari ila meni ezasan. Yaqin do‘stlarimdan meni ayirding, Ularga meni jirkanch qilding, Qamalib qolganman, xalos bo‘la olmayman. Ko‘zlarim nuri g‘amdan adoyi tamom bo‘ldi. Ey Egam, har kun Senga iltijo qilaman, Qo‘llarimni Sen tomon cho‘zaman. Mo‘jizalaringni marhumlarga ko‘rsatasanmi?! Murdalar turib, Senga hamdu sano aytarmikan?! Sening sodiq sevging qabrda e’lon qilinarmi?! Halokat diyorida Sening sadoqating haqida aytilarmi?! Zulmat diyorida mo‘jizalaring ma’lum bo‘larmi?! Unutilganlar makonida odilliging haqida so‘ylanarmi?! Ey Egam, men Senga faryod qilaman, Ibodatim sahardanoq Senga yetib boradi. Ey Egam, nechun meni rad qilasan? Nechun mendan yuzingni o‘girasan? Yoshligimdan buyon xastaman, o‘lim bilan yuzma–yuzman, Vahimalaring qarshisida umidsiz qolganman. Qahrli g‘azabing meni ezib tashladi, Vahimalaring meni adoyi tamom qildi. Qahr–g‘azabing kun bo‘yi meni to‘fonday o‘rab oladi, Meni har tarafdan qurshab oladi. Yaqin do‘stimdan, qo‘shnimdan meni ayirding, Faqat zulmat mening sherigim bo‘lib qoldi. Zerax urug‘idan bo‘lgan Etxanning qasidasi. Sening sodiq sevgingni, ey Egam, to abad kuylayman, Barcha nasllarga sadoqatingni o‘z og‘zim bilan e’lon qilaman. Bilaman, Sening sodiq sevging to abad mustahkamdir, Sening sadoqating samolarday barqarordir. Sen shunday deding: “O‘zim tanlaganim bilan ahd qilganman. Ha, qulim Dovudga qasamyod qilganman: ‘Sening naslingni to abad mustahkam qilaman, Taxtingni butun avlodlar osha o‘rnataman.’” Ajoyibotlaringga, ey Egam, samolar hamdu sano aytsin, Muqaddas malaklar Sening sadoqatingni kuylasin. Ey Egam, samolarda Senga tenglashadigani bormikan?! Ilohiy zotlardan qaysi biri Senga o‘xsharkan?! Ey Xudo, muqaddas malaklar davrasida haybatlisan, Taxting atrofidagilarning hammasidan qo‘rqinchlisan. Ey Parvardigori Olam — Egam, Kim senchalik qudratli, ey Egam?! Sadoqating atrofingni o‘ragan. Asov dengizni yo‘lga solguvchi Sensan, To‘lqinlar quturganda bosguvchi Sensan. Jasadni ezganday maxluq Rahobni ezding, Qudratli qo‘ling bilan g‘animlaringni tarqatding. Samolar Senikidir, zamin ham Senikidir, Olamu undagi har narsa Senikidir, Hammasini Sen mustahkam qurgansan. Shimolu janubni ham Sen yaratgansan, Tovur, Xermon tog‘lari Sening noming tufayli shodlikdan kuylaydi. Bilaging naqadar qudratlidir! Qo‘ling kuchli, o‘ng qo‘ling yuqoridir! Adolat va haqqoniyatdir taxtingning poydevori, Oldingda yuradi sadoqat, sodiq sevgi. Baxtlidir sevinch hayqiriqlarini bilgan xalq, Ey Egam, huzuring nurida yurgan xalq baxtlidir! Sening noming tufayli ular kun bo‘yi sevinadi, Sening adolating tufayli ular yuksaladi. Zotan, Sen ularning kuchi, shuhratisan, Qudratimiz yuksalar Sening lutf–karamingdan. Ey Egam, qalqonimizni Sen tanlading, Ey Isroil xalqining Muqaddas Xudosi, Sen bizga shohimizni berding. Qadimda Sen taqvodorlaringga vahiyda aytdingki: “Mashhur jangchiga Men kuch berdim, Xalq orasidan yosh yigitni yuksaltirdim. Qulim Dovudni Men topdim, Muqaddas moyimni surtib uni tanladim. Mening qo‘lim doim uni quvvatlaydi, Bilagim uni ham kuchli qiladi. G‘anim uni alday olmaydi, Zolim uni qisa olmaydi. Uning ko‘z o‘ngida dushmanlarini ezib tashlayman, Uni yomon ko‘rganlarni qirib tashlayman. Sadoqatim, sodiq sevgim u bilan bo‘ladi, Men tufayli uning qudrati yuksaladi. Uning qudratini dengiz uzra barqaror qilaman, Uning hukmronligini daryolar uzra o‘rnataman. U Menga hayqiradi: ‘Sen Otamsan! Xudoyimsan, najotim qoyasi Sensan.’ Men uni to‘ng‘ich o‘g‘il qilib olaman, Yer yuzi shohlarining qudratlisi qilaman. Unga bo‘lgan cheksiz sevgimda to abad sobit turaman, U bilan qilgan ahdimni davom ettiraman. Uning naslini to abad mustahkam qilaman, Uning taxti osmon turguncha turadi. Uning nasli agarda qonunimdan yuz o‘girsalar, Mening qoidalarim bo‘yicha yurmasalar, Agarda farmonlarimni buzsalar, Mening amrlarimga rioya etmasalar, Ularni itoatsizligi uchun xivich bilan jazolayman, Gunohi uchun ularni tayoq bilan jazolayman. Dovuddan esa sevgimni darig‘ tutmayman, Sadoqatimga aslo xiyonat etmayman. Men ahdimni buzmayman, Aytgan so‘zimdan aslo qaytmayman. Muqaddas nomim haqi ilk va so‘ng marta ont ichdim, Dovudni Men aslo aldamayman. Uning nasli to abad davom etadi, Uning taxti qarshimda quyosh kabi turadi. Oyga, samolardagi o‘sha sodiq guvohga o‘xshab, Taxti to abad mahkam turadi.” Endi esa, ey Egam, Sen uni nafrat bilan rad etding, O‘zing shoh qilib tanlaganingdan g‘oyat g‘azablanding. Men, O‘z quling bilan qilgan ahdingdan qaytding, Uning tojini Sen tuproqqa qording. Shaharlarining hamma devorlarini qulatding, Qal’alarini vayronaga aylantirding. Yo‘ldan o‘tayotganlarning hammasi uni taladi, Qo‘shni xalqlarga u masxara bo‘ldi. Shohimizning dushmanlarini g‘olib qilding, Uning hamma g‘animlarini sevintirding. Qilichining damini qaytarding, Jangda unga Sen madad bermading. Uning ulug‘vorligiga Sen chek qo‘yding, Taxtini yerga uloqtirib yubording. Yoshlik kunlarini qisqartirding, Uni sharmandayu sharmisor qilding. Ey Egam, bu qachongacha davom etadi? O‘zingni bizdan to abad yashirasanmi? Qachongacha g‘azabing otash kabi yonadi? Esingda tut, hayotim naqadar qisqa, Ne uchun insonni behuda yaratding?! Qaysi inson o‘limni ko‘rmas ekan?! Kim o‘liklar diyori qudratidan omon qolar ekan?! Ey Rabbiy, qani oldingi buyuk sevging? Sadoqating ila buni Dovudga va’da bergan eding–ku! Ey Rabbiy, men, quling qanchalar masxara bo‘lganimni yodingda tut. Hamma xalqlarning haqoratlarini bag‘rimda ko‘tarib yuribman–ku! Ey Egam, dushmanlaring tanlagan shohingni masxaralaganini, Uning har bir qadamini tahqir etganlarini yodda tut! Egamizga to abad olqishlar bo‘lsin! Omin! Omin! Xudo odami Musoning ibodati. Ey Rabbiy, nasllar osha Sen panohimiz bo‘lgan eding. Tog‘lar hali paydo bo‘lmasdan oldin, Yeru olamni yaratmasingdan oldin, Abadulabad Sen Xudosan. Sen insonni tuproqqa qaytarasan, “Qaytinglar, ey bandalar tuproqqa”, deb aytasan. Ming yil Sening nazaringda bir kundaydir, Qisqa bir tun vaqtidaydir. Sen odamlarni supurib tashlaysan, Ular go‘yo tushga o‘xshaydi. Ular tongda ungan yangi maysa kabidir. Tongda maysa yangidan o‘sib chiqsa ham Oqshomda so‘lib, xazon bo‘ladi. Sening g‘azabingdan biz tugadik, Qahringdan biz vahimaga tushdik. Gunohlarimizni Sen oldingga keltirding, Yashirin gunohlarimizni nurlaring yoritib turadi. Kunlarimiz Sening g‘azabing ostida o‘tadi, Yillarimiz bir oh kabi tez nihoyasiga yetadi. Kunlarimiz yetmish yil ekan, Agar bardam bo‘lsak, sakson yil ekan. Eng ajoyib yillar zahmat, jafo bilan kecharkan, Umrimiz tez o‘tar, o‘zimiz uchib ketarmiz. Sening g‘azabing qudratini kim bila olar?! Qahring, O‘zingga loyiq qo‘rquv kabi buyukdir. Umrimiz kunlarini sanashni bizga o‘rgatgin, Toki biz dono qalbga ega bo‘laylik. Kel, ey Egam! Qachongacha kutamiz?! O‘z qullaringga shafqat qilgin! Saharda sodiq sevging bilan bizni qondirgin, Umrimiz bo‘yi qo‘shiq aytib, xursand bo‘laylik. Kulfatlar ko‘rdik ko‘p kunlar, Bizni mahzun etganding qancha yillar, O‘sha kunlar evaziga bizni xursand qil. Biz, O‘z qullaringga qudratli ishlaring ko‘rinsin, Bizning naslimiz ulug‘vorligingni ko‘rsin. Ey Rabbimiz Xudo, lutf–karaming bizga yor bo‘lsin, Ishlarimizga omad bergin, Ha, ishlarimizga baraka bergin! Xudoyi Taolo panohida yashaydiganlar Qodir Xudo soyasida orom topar. Men Egamga shunday deyman: “Sen panohimsan, qal’amsan, Men umid bog‘lagan Xudoyimsan.” Albatta U xalos etar seni ovchining tuzog‘idan, Xalos etar seni qirg‘in keltiruvchi vabodan. Seni U patlari ostiga olar, Uning qanotlari ostida panoh topasan, Sadoqati bilan senga qalqon, devor bo‘lar. Shunda qo‘rqmaysan tunning vahimasidan, Qo‘rqmaysan kunduzi uchgan o‘qdan, Zulmatda bildirmay keladigan vabodan, Qoq peshinda qirg‘in keltiruvchi o‘latdan. Mingtasi chap yoningda yiqilib qoladi, O‘n mingtasi o‘ng yoningda yiqilib qoladi, Ammo bu kulfatlar senga yaqin kelmaydi. Faqat ko‘zlaringni och, shunda ko‘rasan Fosiqning qanday jazo olganini. [9-10] Agar Egamizni panohing qilsang, Boshingga biron baxtsizlik kelmas. Xudoyi Taoloni qo‘rg‘oning qilsang, Biron falokat chodiringga yo‘lamas. *** U sen to‘g‘ringda farishtalariga amr beradi, Farishtalar hamma yo‘llaringni qo‘riqlaydi. Oyog‘ing toshga qoqilib ketmasin, deya Farishtalar qo‘llarida seni ko‘tarib boradi. Sheru zaharli ilon ustidan bosib o‘tasan, Yirtqich shervachcha, ilonni oyog‘ing ostida ezg‘ilaysan. Egamiz shunday deydi: “U meni yaxshi ko‘rgani uchun Men uni qutqaraman. Meni bilgani uchun Men uni himoya qilaman. U iltijo qilganda Men javob beraman, Og‘ir kunlarida u bilan birga bo‘laman, Uni qutqarib, unga izzat ko‘rsataman. Uzoq umr berib, uni mamnun qilaman, Unga najot beraman.” Sano. Shabbat kuni aytilgan qo‘shiq. Ey Egam, Senga shukr aytmoq yaxshidir, Ey Xudoyi Taolo, Senga hamdu sano kuylamoq yaxshidir. E’lon qilmoq yaxshidir subhda sodiq sevgingni, E’lon qilmoq yaxshidir kechalari sadoqatingni. Yaxshidir aytmoq bularni musiqa chalib O‘n torli asbobda, lirada, arfa jo‘rligida! Ey Egam, qudratli ishlaringdan men shodman, Qilgan ishlaringdan xursand bo‘lib kuylayman. Ey Egam, ishlaring naqadar buyukdir! O‘ylaring juda ham terandir! Aqlsiz kimsa buni bila olmaydi, Ahmoq kimsa buni tushuna olmaydi: Garchi fosiqlar maysa kabi unib chiqsa ham, Badkirdorlar gullab–yashnasa ham, Ular to abad yo‘q bo‘ladi. Sen–chi, ey Egam, to abad ulug‘vorsan. Ey Egam, dushmanlaring albatta yo‘q bo‘ladi, Ular shubhasiz halok bo‘ladi. Badkirdorlar hammasi tarqalib ketadi. Meni yovvoyi buqaday kuchli qilding, Qudrating bilan menga qaytadan kuch ato qilding. Dushmanlarim mag‘lubiyatin ko‘zlarim ko‘rdi, Badkirdorlar zavolin quloqlarim eshitdi. Solihlar palma daraxtiday gullab–yashnaydi, Lubnondagi sadr daraxtiday yuksaladi. Ular Egamizning uyiga o‘tqazilgan, Xudoyimizning hovlisida ular yashnaydi. Keksalikda ham hamon hosil beradi, Yam–yashil, navqiron bo‘lib turaveradi. Ular birgalikda shunday deb e’lon qiladi: “ Egamiz odildir! U mening suyangan qoyamdir, Unda nohaqlik yo‘qdir.” Egamiz shohdir, U ulug‘vorlikka burkangan, Ulug‘vorlikka burkanib, qudrat bilan qurollangan. Olamni mustahkam o‘rnatgan, olam aslo tebranmas. Sening taxting qaror topgan azaldan, Sen O‘zing mavjudsan azaldan. Dengizlar guvullamoqda, ey Egam, Dengizlar hayqirmoqda, ey Egam, Dengizlar to‘lqinlarini ko‘tarmoqda. Yuksakdagi Egamiz dengiz to‘lqinlaridan ham qudratliroqdir, Bahaybat suvlarning pishqirishidan ham qudratliroqdir. Sening farmonlaring sobitdir, Uyingga muqaddaslik ziynatdir Abadulabad, ey Egam! Ey Egam, Sen qasoskor Xudosan, Sen, ey qasoskor Xudo, nuringni soch! Qani, bo‘l, ey yer yuzini hukm etguvchi, Kiborlarga loyiq jazosini ber. Qachongacha fosiqlar tantana qilar? Ey Egam, qachongacha? Og‘izlaridan balandparvoz so‘zlar otilib chiqyapti–ku! Hamma badkirdorlar maqtanyapti–ku! Ey Egam, ular xalqingni ezyapti, O‘zing tanlagan elatingga zulm qilyapti. Beva, musofirni ular o‘ldiryapti, Yetimlarni yo‘q qilyapti. Ular aytyapti: “ Egamiz ko‘rmas, Yoqubning Xudosi e’tibor bermas.” Tushunib oling, ey xalq orasidagi tentaklar. Qachon sizlarga aql kirar, ey ahmoqlar?! Quloqni yaratgan eshitmaydimi?! Ko‘zni ato etgan ko‘rmaydimi?! Xalqlarga tanbeh beruvchi jazolamaydimi?! Uning O‘zi insonga o‘rgatadi–ku! Egamiz insonning niyatini anglaydi, Niyatlarimiz behudaligini biladi. Ey Egam, baxtlidir Sening tanbehingni olganlar, Baxtlidir Sening qonuningdan o‘rganuvchilar. Yomon kunlardan ularni Sen omon saqlaysan. Fosiq uchun chuqur qazilguncha omon bo‘ladilar. Ey Egam, O‘z xalqingni tark etmaysan, O‘zing tanlagan elatingni tashlab qo‘ymaysan. Hukmning asosi yana adolat bo‘ladi, Jamiki pokdillar adolatni qo‘llab–quvatlaydi. Fosiqlardan kim meni himoya qiladi? Badkirdorlarga qarshi kim men tomon bo‘ladi? Ey Egam, agarda Sen menga yordam bermaganingda, Mening jonim tezda o‘lim sukunatiga cho‘kardi. “Oyoqlarim qoqiladi”, deb o‘ylaganimda, Ey Egam, sodiq sevging meni qo‘lladi. Ichim xavotirga to‘lib ketganda, Sen bergan tasalli menga quvonch keltirdi. Zolim hukmdorlar Xudoga sherik bo‘larmi?! Axir, ular farmonlari bilan kulfat keltiradi–ku! Ular solihlarga qarshi birlashadi, Gunohsizlarni o‘limga mahkum etadi. Ammo Egam mening qal’amdir, Mening panoh qoyam Xudodir. Fosiqligi uchun Egamiz ularni qirib tashlaydi, Gunohlari uchun ularga qaytaradi. Ha, Egamiz Xudo ularni ildizidan quritadi. Kelinglar, sevinch ila Egamizni kuylaylik, Najotimiz qoyasiga shodlik ila hayqiraylik. Shukrona aytib, Uning huzuriga boraylik, Qo‘shiqlar aytib Unga shodlik ila hayqiraylik. Zotan, Egamiz ulug‘ Xudodir, Jamiki xudolar ustidan ulug‘ Shohdir. Zaminning eng chuqur joylari Uning qo‘lidadir, Tog‘larning cho‘qqilari ham Unikidir. Unikidir O‘zi yaratgan dengiz ham, Qo‘li barpo qilgan quruq yer ham. Kelinglar, ta’zim qilib, sajda etaylik, Yaratgan Egamiz oldida tiz cho‘kaylik. U Xudoyimizdir, biz Uning yaylovidagi xalqmiz, Biz Uning qo‘l ostidagi qo‘ylarmiz. Egamiz shunday deydi: “Qaniydi bugun Mening ovozimga quloq solsangiz! Otalaringiz kabi tosh yurak bo‘lmanglar Marivadagiday, Sahrodagi Massaxda o‘sha kuni ular qilganlariday. Otalaringiz qilgan ishlarimni ko‘rsa ham, U yerda Meni sinab ko‘rdilar. Qirq yil u nasldan nafratlanib, Shunday dedim: ‘Bu xalq Mendan yuz o‘giradi, Amrlarimga bo‘ysunishdan bosh tortadi.’ Shu bois g‘azablanib, ont ichdim: ‘Ular farog‘at diyorimga kirmaydi’, dedim.” Ey olam, Egamizni tarannum eting! Egamizga yangi bir qo‘shiq ayting. Egamizni tarannum eting, Unga olqishlar bo‘lsin, Har kun Uning najotidan so‘ylang. E’lon qiling elatlar orasida Uning shuhratini, Jamiki xalqlar orasida Uning ajoyibotlarini. Egamiz buyukdir, ko‘p maqtovga loyiqdir, Jamiki xudolardan U izzatlidir. Zotan, xalqlarning hamma xudolari butlardir, Egamiz esa samolarni yaratgandir. Shuhratu ulug‘vorlik Uning huzuridadir, Qudratu go‘zallik Uning Muqaddas maskanidadir. Egamizga hamdlar ayting, ey zamin xalqlari! Egamizning qudratiyu shuhratiga hamdlar o‘qing! Egamizning sharafiga hamdlar o‘qing! Nazrlar keltirib, Uning hovlisiga kiring! Muqaddas libosda Egamizga sajda qiling! Ey zamin ahli, Uning oldida titrab turing! Elatlar orasida aytingki: “Egamiz shohdir! Olam mustahkam o‘rnashgan, hech qachon tebranmaydi, U xalqlarni haqqoniy hukm qilar.” Samolar shod bo‘lsin, zamin quvonsin, Dengizu undagi hamma jonzot guvullasin. Dalalaru undagi har narsa sevinch ila jo‘shsin, Shunda o‘rmondagi hamma daraxt shodlikdan qo‘shiq aytsin. Egamiz oldida ular qo‘shiq aytar, ana, U kelayotir, Zaminni boshqarmoq uchun U kelayotir, Olamni adolat ila U boshqarar, Xalqlarni O‘z haqiqati ila boshqarar. Egamiz shohdir, zamin quvonsin, Dengiz ortidagi hamma yurtlar shod bo‘lsin. Bulutlar, zim–ziyo zulmat Uning atrofini o‘ragan, Adolatu haqiqat Uning taxtiga poydevor bo‘lgan. Egamiz olovini O‘zidan oldin yuboradi, Olovi har tarafdagi dushmanlarni yutadi. Chaqmoqlari olamni yoritadi, Zamin buni ko‘rib titraydi. Butun olamning Rabbiysi oldida, Egamiz oldida tog‘lar mumday eriydi. Samolar e’lon qiladi Uning adolatini, Jamiki xalqlar ko‘radi Uning ulug‘vorligini. Butlarga sajda qiluvchilar, Behuda sanamlari ila maqtanuvchilar Sharmanda bo‘ladi. Barcha xudolar Egamizga ta’zim qiladi. Ey Egam! Sening adolatingdan Yahudo shaharlari shod bo‘ladi, Quddus eshitib, quvonadi. Ey Egam, yer yuzidagi buyuk hukmdor Sensan, Hamma xudolardan Sen yuksalgansan. Ey Egamizni sevganlar! Yomonlikdan nafratlaning. U taqvodorlarining jonlarini O‘zi asraydi, Fosiqlarning qo‘lidan ularni xalos etadi. Solihlarga nur sochilgay, Yuragi poklar uzra shodlik yoyilgay. Ey solihlar, Egamiz tufayli shodlaning, Uning muqaddas nomini olqishlang! Sano. [1] Yangi bir qo‘shiq ayting Egamizga! Axir, U ajoyib ishlar qildi. O‘zining o‘ng qo‘li, muqaddas bilagi bilan zafar qozondi. Egamiz zafarining dong‘ini taratdi, Xalqlarga najotini namoyon qildi. Isroil xalqiga bo‘lgan sevgisiyu sadoqatini yodida tutdi. Yerning to‘rt tomoni Egamiz bergan najotni ko‘rdi. Ey zamin ahli, Egamizni olqishlab, xitob qiling, Sevinchli kuy–qo‘shiqlar ila Unga xitob qiling. Lira chalib, Egamizga hamdu sano kuylang, Lira chalib, qo‘shiqlar ayting. Karnayu burg‘ularni chaling, Shohni — Egamizni olqishlab, xitob qiling. Jo‘sh ursin dengizu undagi hamma jonzot, Jo‘sh ursin olamu unda yashovchi hamma maxluqot. Egamiz oldida daryolar qarsak chalsin, Qirlar birga shodlanib qo‘shiq aytsin. Zotan Egamiz yerda hukm etgani kelmoqda, U olamni to‘g‘ri hukm etadi, Adolat ila xalqlarni hukm qiladi. Egamiz shohdir, xalqlar titrasin! Karublar uzra taxt qurgan U! Zamin larzaga kelsin! Egamiz Quddusda ulug‘dir, Jamiki xalqlar uzra yuksakdadir. Uning nomi ulug‘, haybatlidir! Uni madh qilsinlar, Zero, muqaddasdir U! Shoh qudratlidir, adolatparvardir, U odillikni o‘rnatgan! Yoqub nasli orasida Adolatli va to‘g‘ri hukm chiqargan! Egamiz Xudoni ulug‘langlar! Uning poyiga sajda qilinglar. Zero, muqaddasdir U! Muso va Horun Uning ruhoniylaridan edi, Shomuil ham Egamizga iltijo qilganlardan biri edi. Ular Egamizga iltijo qildi, U javob berdi. Ustun shaklidagi bulut ichra ular bilan gaplashdi, Ular Egamizning farmonlariga Hamda U bergan qonunlariga rioya qilardi. Ularga javob berding, ey Egamiz Xudo! Sen ularni kechiruvchi Xudo bo‘lding, Ularni jazolading yomon yo‘ldan ketganlarida. Ulug‘langlar Egamiz Xudoni! Sajda qiling Unga O‘z muqaddas tog‘ida. Zero, muqaddasdir Egamiz Xudo! Shukronalik sanosi. [1] Ey zamin ahli, Egamizga shodlik ila hayqiring, Xursand bo‘lib Egamizga sajdalar qiling, Shodlanib, qo‘shiq aytib, Uning huzuriga keling. Bilingki, Egamiz Xudodir, Bizni yaratgan Udir, biz Unikimiz. Biz uning xalqimiz, yaylovidagi qo‘ylarimiz. Shukrona aytib, darvozalaridan kiring, Hamdu sano aytib, hovlilariga kiring. Shukrona aytib, Uning nomini olqishlang! Egamiz yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiy davom etadi, Sadoqati esa barcha nasllarga o‘tadi. Dovud sanosi. [1] Sadoqatingni, adolatingni kuylayman, Seni, ey Egam, tarannum etaman. Benuqson hayot kechirishni o‘rganaman, Qachon bunga erishaman? Pok yurak ila o‘z uyimda umr kechiraman. Ko‘z oldimga birorta jirkanch narsa qo‘ymayman. Qing‘ir ishlardan nafratlanaman, Men ularga hech qo‘shilmayman. Ters ishlarni rad qilaman, Yomonlik mendan uzoq bo‘ladi. Do‘sti ortidan g‘iybat qiladiganni yo‘q qilaman, Takabburlik bilan qaraydigan ko‘zlarga, Mag‘rur yurakka aslo toqat qilmayman. Yonimda istiqomat qilsinlar, deya Yurtimning sodiq odamlariga xayrixoh bo‘laman. Nuqsonsiz yo‘ldan yuradigan inson Menga xizmat qiladi. Hiylagarlar mening saroyimda qolmaydi, Yolg‘onchilar qarshimda turmaydi. Har sahar yurtdagi fosiqlarni qiraman, Ey Egam, Sening shahringdan badkirdorlarni yo‘q qilaman. Dard–alamga botganda, arzini Egamiz oldiga to‘kkan g‘aribning ibodati. Eshitgin ibodatimni, ey Egam, Yetib borsin Senga ohu nolam. Kulfatda qolganimda mendan yuz o‘girma, Menga quloq tutgin. Chaqirganimda menga tez javob bergin. Umrim tutunday o‘tib ketdi, Suyaklarim tandirda ko‘mirga aylanganday bo‘ldi. Yuragim qurigan o‘tday tamom bo‘ldi, Biror narsa yeyishga istak yo‘qoldi. Faryod qilib oh–nola chekaman, Shu bois etim suyagimga yopishgan. Dashtdagi qushga o‘xshayman, Vayronadagi boyo‘g‘li kabidirman. Bedor bo‘lib yotaman, Tomda yolg‘iz qolgan qushga o‘xshayman. G‘animlarim doimo meni haqorat qiladi, Meni masxaralovchilar ismimni La’nat o‘qish uchun ishlatadi. Kulni non kabi yemoqdaman, Ichimligimga ko‘z yoshlarimni qo‘shmoqdaman. Sening qahru g‘azabing tufayli shunday qilyapman, Axir, meni ko‘tarib, bir yonga uloqtirding. Oqshomgi ko‘lankaga o‘xshaydi umrim, Qurigan maysaday bo‘lib qoldim. Sen esa, ey Egam, to abad o‘tirasan taxtingda, Nasllar osha Sening noming davom etar! Qo‘zg‘alib, shafqat ko‘rsatasan Quddusga, Unga marhamat ko‘rsatish vaqti keldi, Belgilangan vaqti–soati yetib keldi. Uning toshlari ham sening qullaring uchun qimmatbahodir, Hatto uning tuprog‘iga mehribonlik qilamiz. Xalqlar Egamizdan qo‘rqadi, Uning shuhratidan yer yuzi shohlari titraydi. Zero, Egamiz Quddusni barpo qiladi, O‘zining shuhrati ila zohir bo‘ladi. Yo‘qsillarning ibodatiga U e’tibor beradi, Ularning iltijolarini rad etmaydi. Hali tug‘ilmagan xalq ham Egamizga hamdu sano aytsin, Kelajak nasl uchun bu yozib qo‘yilsin: [20-21] Asirlarning nolasiga quloq solay, deb Egamiz yuksakdagi muqaddas makonidan qaradi. O‘limga mahkum bo‘lganlarni qutqaray, deb U osmondan zaminga nazar tashladi. *** Shu bois Egamizning dong‘i Quddusda e’lon qilinsin, Unga Sionda hamdu sano aytilsin. Egamizga birga sajda qilgani Xalqlaru shohliklar yig‘iladi. Hali yosh paytimda Egam meni zaif qildi, Kunlarimni Uning O‘zi qisqartirdi. Unga faryod qildim: “Ey Xudoyim, Yosh umrimni xazon qilmagin, Barcha nasllar osha Sen doimo borsan. Azalda zaminning poydevorini Sen qo‘ygansan, Samolarni O‘z qo‘llaring ila yaratgansan. Ular yo‘q bo‘lib ketar, Sen turaverasan, Ularning hammasi kiyim kabi eskirib ketadi, To‘zib ketgan kiyimday ularni almashtirasan, Hammasini tashlab yuborasan. Sen esa hech o‘zgarmassan, Sen to abad yashaysan. Qullaringning farzandlari xavfsiz yashar, Ularning nasli Sening huzuringda barqaror bo‘lar.” Dovud sanosi. [1] Egamizni olqishlagin, ey jonim, Uning muqaddas nomini olqishla, ey vujudim! Egamizni olqishlagin, ey jonim, U qilgan hamma yaxshiliklarini unutma! Hamma gunohlarimni U kechiradi, Barcha xastaliklarimga U shifo beradi. Meni qabrdan U qutqaradi, Sevgi, shafqat ila menga toj kiygizadi. Hayotimni ne’mat ila U qondiradi, Yoshligim burgutnikiday qilib yangilandi. Egamiz to‘g‘ri ish qiladi, Mazlumlarga adolat qiladi. O‘z yo‘llarini U Musoga ma’lum qilgan, Ishlarini Isroil xalqiga namoyon etgan. Egamiz rahmdil, inoyatlidir, Jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir. U doimo bizni ayblamaydi, Yoki to abad g‘azabini sochmaydi. Bizni U gunohlarimizga qarab jazolamas, Yomonliklarimizga qarab qaytarmas. Samolar zamindan naqadar balanddir! Egamizning sodiq sevgisi ham Undan qo‘rqqanlarga shunday yuksakdir! Sharq g‘arbdan qanchalik uzoq bo‘lsa, Gunohlarimizni bizdan shu qadar uzoq qiladi. Ota bolalariga shafqat qilganday, Egamiz O‘zidan qo‘rqqanlarga rahm qiladi. Biz qanday yasalganimizni U biladi, Biz tuproq ekanimizni U yodida tutadi. Insonmiz, maysaga o‘xshar umrimiz, Dasht guliga o‘xshab gullaymiz. Shamol esar, maysa yo‘q bo‘lar, Uni o‘z joyi eslamay qo‘yar. Ammo Egamizning sodiq sevgisi Abadulabad Undan qo‘rqqanlar bilan birgadir! Uning sodiqligi esa ularning nasliga o‘tadi. Ha, Egamizning sadoqati Uning ahdiga rioya qilganlaru Uning amrlariga sadoqat ila itoat etganlar bilan birgadir. Egamiz taxtini o‘rnatgandir samoda, Uning shohligi hukmrondir hamma yerda. Egamizni olqishlang, ey Uning farishtalari, Uning amrini ijro qiluvchi bahodirlar, Uning so‘zlariga itoat etuvchilar! Ey Egamizning samoviy lashkarlari! Uning irodasini ijro etuvchi xizmatkorlari! Egamizni olqishlang! Ey Egamiz yaratganlarning hammasi! U hukmron bo‘lgan har bir joyda Uni olqishlanglar! Ey jonim! Egamizni olqishla! Egamni olqishla, ey jonim. Ey Egam Xudo! Sen naqadar buyuksan, Shuhratu ulug‘vorlikka burkangansan. Yopinchiqqa o‘ralganday nurga chulg‘angansan, Samolarni bir chodir kabi yoygansan. Osmondagi suvlar uzra dargohingni qurgansan, Bulutlarni jang aravasi qilasan, Shamol qanotlarini minib ketasan. Shamollarni O‘zingga xabarchilar qilasan, Lovullagan olovni xizmatkorlaring etasan. Hech qachon tebranmasin, deya Sen zaminning poydevorini qo‘ygansan, Zaminni libosga o‘raganday, Tubsiz suvlar ila o‘ragan eding, Hatto tog‘lar cho‘qqisini suvlar ko‘mgan. Sening tahdidlaringdan suvlar chekinar, Sen gumburlatgan sadodan ular qochar. Suvlar tog‘lar ustidan, vodiy bo‘ylab oqarlar Sen ular uchun tayin etgan joyga. Bu suvlar toshmasin, deb, Yana yer yuzini qayta qoplamasin, deb Sen chegara qo‘ygansan! Buloqlarni toshirding Sen soyliklardan, Buloqlar oqib kelar tog‘lar orasidan. Jamiki yovvoyi hayvonlarni buloqlar sug‘oradi, Yovvoyi eshaklar tashnaligini qondiradi. Oqar suvlar bo‘yida qushlar in quradi, Shoxlar orasidan ular sayraydi. Tog‘larni sug‘orasan yuqoridagi dargohingdan, Zamin to‘la sen o‘stirgan meva bilan. Chorva uchun Sen o‘t–o‘lan o‘stirasan, Inson foydalansin, deb ekinlar o‘stirgansan, Yeguligini tuproqdan olsin, deysan. Sen berasan inson ko‘nglini chog‘ qiluvchi sharobni, Yuzga jilo beruvchi zaytun moyini, Inson hayotiga quvvat beruvchi nonni. Ey Egam, Sening daraxtlaring, Ha, O‘zing Lubnonda ekkan sadr daraxtlaring Suvga yaxshi qonadi. Qushlar daraxtlarda uya quradi, Sarv daraxtida laylak uy qiladi. Tog‘ echkisi baland tog‘larda yashar, Bo‘rsiqlar esa qoyalarda uya qurar. Vaqtni belgilasin, deb oyni yaratding, Quyosh ham biladi qachon botishin. Qorong‘ulik cho‘ktirganingda, tun bo‘lar, O‘rmondagi bor hayvon kezgani chiqar. Sherlar o‘lja axtarib bo‘kirar, O‘z rizq–ro‘zini, ey Xudo, Sendan izlar. Quyosh chiqar, ular ortga qaytarlar, O‘zlarining inlarida yotarlar. Odamlar o‘z ishlariga chiqarlar, Oqshomgacha yumushlari ila band bo‘larlar. Ey Egam, ishlaring g‘oyat turli–tumandir! Hammasini donolik ila yaratgansan, Zamin Sen yaratganlaring ila to‘ladir. Mana, buyuk, bepoyon dengiz, Son–sanoqsiz yaratilganlar bilan to‘la, Katta–kichik jonivorlar bor. Kemalar dengizlarda qatnaydi. Suvlarda o‘ynasin, deya O‘sha maxluq Levitanni yaratgansan. Ey Egam! O‘z vaqtida rizqimizni bersin, deya Ularning hammasi Senga ko‘z tikadi. Ularga rizqini berganingda, yig‘ib oladi, Qo‘llaringni ochganingda, ular yeb to‘yadi. Yuzingni yashirganingda esa ular vahimaga tushadi, Jonlarini olganingda, o‘lib, tuproqqa qaytadi. Ruhingni yuborganingda ular yaratiladi, Yer yuziga yangidan hayot berasan. Egamizning shuhrati to abad davom etsin, Egamiz O‘z yaratganlaridan xursand bo‘lsin. Yerga U boqqanda, yer titrar, Tog‘larga tekkanda, tog‘lar tutun chiqarar. Hayot ekanman, Egamni tarannum etaman, Bor ekanman, Xudoyimga hamdu sano kuylayman. U haqidagi o‘ylarim xush kelsin O‘ziga, Zotan, sevinaman men Egam tufayli. Yer yuzidan yo‘q bo‘lsin gunohkorlar, Bo‘lmasin boshqa endi fosiqlar. Egamni olqishla, ey jonim! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga shukr ayting, Unga sajda qiling, Boshqa xalqlar orasida Uning ishlarini bildiring. Tarannum qilib Uni, hamdu sano ila qo‘shiq ayting, Uning jamiki ajoyib ishlarini aytib bering. Egamizning muqaddas nomi ila faxrlaning, Egamizga yuz burganlarning qalbi shodlikka to‘lsin. Egamizga yuz buring! Uning qudratiga, Uning huzurida bo‘lishga intiling. [5-6] Ey sizlar, Egamizning quli Ibrohim nasli, Ey Yoqub o‘g‘illari — Egamizning tanlaganlari, Esda tuting Egamiz qilgan ajoyibotlarni, Uning mo‘jizalarini, chiqargan hukmlarini. *** U Egamiz Xudodir, U chiqargan hukmlar butun yer yuzidadir. O‘z ahdini U to abad yoddan chiqarmas, Minglab nasllarga bergan va’dasini unutmas. Rioya qilar U Ibrohim bilan qilgan ahdiga, Is’hoqqa qasam ichib bergan va’dasiga. Yoqub uchun bu ahdni bir qonun qildi, Ha, Isroil uchun abadiy bir ahd qildi. Aytdiki: “ Kan’on yurtini senga beraman, Uni mulk uchun ulush qilib beraman.” U zamon ularning soni kam edi, Ha, juda kam edilar. Ular bu yurtga kelgindi edi. Kezardi bir xalqdan boshqasiga, Bir shohlikdan boshqa yurtga. Hech kim ularni ezishlariga Egamiz yo‘l qo‘ymadi, Ularni deb shohlarga tanbeh berdi. Aytdiki: “Men tanlaganlarga tegmanglar, Payg‘ambarlarimga zarar keltirmanglar.” Kan’on yurti ustiga Egamiz ocharchilik yubordi, Bitta qoldirmay yeguliklarga qirg‘in keltirdi. Ulardan oldin odam yubordi, Ha, Yusuf qul kabi sotildi. Uning oyoqlariga zanjir urildi, Bo‘ynidan temir halqa o‘tkazildi. Yusufning so‘zlari bajo bo‘ladigan vaqt kelguncha, Egamizning kalomi Yusufni sinadi. Misr shohi odam yuborib, Yusufni qutqardi, Ellarning hukmdori uni ozod qildi. Yusufni shoh saroyining boshqaruvchisi qilib tayin etdi, Jamiki mulkining hokimi qildi. Xohlasa saroydagi a’yonlarimni zanjirband qilsin, Maslahatchilarimga donolik ila o‘git bersin, deb shunday qildi. So‘ngra Isroil Misrga keldi, Ha, Yoqub nasli Xom yurtida musofir bo‘ldi. Uning xalqini Egamiz barakali qildi, Dushmanlariga qaraganda, ko‘paytirdi. Egamiz Misr xalqining yuraklarini o‘zgartirdi, Ular Egamiz xalqidan nafratlandi, Egamizning qullariga qarshi ular fitna uyushtirdi. So‘ngra Egamiz quli Musoni yubordi, Tanlab olgan Horunni birga jo‘natdi. Misrliklar orasida, o‘sha Xom yurtida Ikkalasi Egamizning mo‘jizalarini, ajoyibotlarini ko‘rsatdi. Egamiz zulmat yubordi, Misrni zulmatga burkadi, Muso, Horun Egamizning amrlariga itoatsizlik qilmadi. Misrning suvlarini Egamiz qonga aylantirdi, Jamiki baliqlarini nobud qilib tashladi. Misr yurti to‘lib ketdi qurbaqalarga, Yetib bordi hatto hukmdorlarning uyiga. Egamiz amr berganda, so‘nalar galasi keldi, Misr bo‘ylab burgalar qaynab ketdi. Yomg‘ir o‘rniga ularga Egamiz do‘l yog‘dirdi, Butun Misr bo‘ylab chaqmoq chaqtirdi. Uzumzoru anjirzorlarini quritdi, Misrdagi daraxtlarni qo‘porib tashladi. Egamiz amr berganda, chigirtkalar keldi, Son–sanoqsiz mayda chigirtkalar chiqib keldi. Ular Misrdagi butun o‘t–o‘lanni yeb yubordi, Misr o‘lkasidagi hosilni yeb bitirdi. Misrdagi jamiki to‘ng‘ichlarni Egamiz urdi, Ularning qudratining ilk hosilini yo‘q qildi. So‘ng Egamiz O‘z xalqini Oltinu kumushga boyitib, olib chiqdi. Isroil qabilalarining orasida qoqilib qolgani bo‘lmadi. Misrliklar Isroildan qo‘rqib, vahimaga tushgandi, Ular ketganlarida, Misr xalqi sevindi. Xalqim ustida yopinchiq bo‘lsin, deb Egamiz bulutni yoydi, Kechasi yorug‘lik bo‘lsin, deb alanga berdi. Isroil go‘sht so‘raganda Egamiz bedanalar berdi, Osmondan non yog‘dirib, ularni to‘yg‘azdi. Egamiz qoyani ochdi, suv otilib chiqdi, Sahro bo‘ylab daryoday suv oqdi. Egamiz O‘zining muqaddas va’dasini, O‘z quli Ibrohimga bergan va’dasini yodda tutdi. Shu bois xalqini olib chiqdi sevinch ila, O‘z tanlaganlarini shodlik hayqiriqlari ila. Begona xalqlarning yurtlarini ularga berdi, O‘sha xalqlarning boyligini Isroil mulk qilib oldi. “Isroil xalqi Mening farmonimga rioya qilsin, Mening qonunlarimga itoat etsin”, deya Egamiz mana shularning hammasini qildi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir! Uning sodiq sevgisi abadiydir. Egamizning qudratli ishlarini kim batafsil ayta oladi?! Kim Unga mukammal hamdu sano ayta oladi?! Baxtlidir adolat ila ish tutganlar, Har doim to‘g‘ri ish qilganlar. Ey Egam, xalqingga muruvvat ko‘rsatganingda meni eslagin, Ularga najot berganingda, menga ham yordam bergin, Toki tanlagan xalqingning iqbolini ko‘rayin, Xalqingning shodligini ko‘rib, men ham quvonayin, Ular bilan birga faxrlanib yurayin. Ey Isroil xalqi, ota–bobolarimiz kabi biz gunoh qildik, Egri yo‘ldan yurdik, yomonlik qildik. Ota–bobolarimiz Misrda bo‘lganlarida, Egamizning ajoyib ishlariga e’tibor qilmadilar, Uning mo‘l sodiq sevgisini eslamadilar, Qizil dengizda isyon qildilar. Qudratli kuchini bildirish uchun, O‘z nomi haqi, Egamiz ularni qutqardi. U Qizil dengizga do‘q urdi, dengiz quridi. Qup–quruq yerdan yetaklaganday, Isroil xalqini dengiz tubidan o‘tkazdi. Egamiz ularni yov qo‘lidan qutqardi, G‘anim qo‘lidan ularni ozod qildi. Suvlar qaytib, g‘animlarni bosib qoldi, Dushmanlarning birontasi qutula olmadi. Shunda Isroil xalqi Egamizning so‘ziga ishondi, Unga hamdu sanolar kuyladi. Ular tez orada Egamizning ishlarini unutdi, Egamizdan bemaslahat ish qildilar. Sahroda ular nafsi buzuqlik qildi, Dashtu biyobonda ular Xudoni sinadi. Egamiz ularga so‘raganini berdi–yu, Ularga halokatli xastalikni ham yubordi. Qarorgohdagi xalq Musoga, Egamizga bag‘ishlangan Horunga hasad qildi. Yer yorilib, Datanni yutib yubordi, Abiram bilan sheriklarini yamlab yubordi. Sheriklari ustiga olov tushdi, O‘sha fosiqlarni alanga yondirdi. Sinay tog‘ida ular buzoq yasadilar, O‘sha oltin butga sajda qildilar. Ular Xudoning ulug‘vorligini O‘t yeydigan buqa tasviriga alishdilar. Ular o‘zlarining najotkori Xudoni, U Misrda buyuk ishlar qilganini unutdilar. Xom yurtida Egamiz ajoyibotlar ko‘rsatgandi, Qizil dengizda qo‘rqinchli ishlar qilgandi. Mana shularni Isroil xalqi unutdi. Shu bois Egamiz, ularni qiraman, dedi. Ammo Muso, Egamizning tanlagani o‘rtaga tushib, Egamizdan iltijo qilib, Uni qahrli g‘azabidan qaytardi. So‘ngra ular maftunkor yurtni xor qildilar, Egamizning va’dasiga ishonmadilar. O‘z chodirlarida ming‘irlab nolidilar, Egamizga itoat etmadilar. Egamiz qo‘lini ko‘tarib, ont ichdi: “Sizlarni sahroda yakson qilaman. Naslingizni xalqlar orasiga tarqataman, Boshqa yurtlarga ularni sochib yuboraman.” So‘ngra bizning ota–bobolarimiz Piyor tog‘idagi Baalga sajda qilishga qo‘shildilar, O‘liklarga keltirilgan qurbonlikdan yedilar. Ular qilmishlari bilan Egamizni g‘azablantirdilar, Ular o‘latga giriftor bo‘ldilar. Finxaz qo‘zg‘alib, aralashdi, Shunda o‘lat ham to‘xtadi. Shu bois Finxaz solihlik timsoli bo‘ldi, Bu nasllardan nasllarga to abad davom etadi. Mariva suvlarida ular Egamizning qahrini keltirdi, Ularning dastidan Musoning boshiga qayg‘ular keldi. Ular Musoning g‘azabini qo‘zg‘atdi, Muso ham o‘ylamay gapirdi. Egamiz, xalqlarni qiringlar, deb amr bergandi, Ular Egamizning amrini bajarmadi. Begona xalqlar bilan ular aralashib, Ularning odatlarini o‘rgandilar. Ular begona xalqlarning butlariga sajda qildilar, Ularning butlari Egamizning xalqiga tuzoq bo‘ldi. Ular o‘zlarining o‘g‘il–qizlarini Iblislarga qurbon qildilar. Ha, o‘zlarining o‘g‘il–qizlarini Kan’on butlariga qurbon qilib, Begunoh qon to‘kdilar. Ularning qoni yurtni harom qildi. Ishlari bilan o‘zlarini bulg‘adilar, Qilmishlari bilan Egamizga bevafolik qildilar. Shunda Egamiz O‘z xalqidan g‘azablandi, Ulardan jirkandi. Ularni yot xalqlarning qo‘liga berdi, G‘animlari ular ustidan hukmron bo‘ldi. Dushmanlari ularni siquvga oldi, Kuch bilan ularni bo‘yin egdirdi. Ko‘p marta Egamiz ularni qutqardi, Ular esa ataylab isyon qilgan edi, Gunohlari tufayli past ketdilar. Shunda ham Egamiz O‘z xalqining nolalarini eshitib, Ularning kulfatlariga e’tibor berdi. Ular haqi O‘z ahdini yodida tutdi, Mo‘l sodiq sevgisi bilan ularga shafqat ko‘rsatdi. Ularni asir olganlarni Shafqatli bo‘lishga undadi. Ey Egamiz Xudo, bizlarni qutqar, Xalqlar orasidan bizni to‘plab ol, O‘zing muqaddassan, Senga shukr aytaylik, Sening madhlaring bilan faxrlanaylik. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga To abad olqishlar bo‘lsin, Jamiki xalqlar: “Omin”, desin. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! “ Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir”, deb Egamiz najot berganlar ana shunday aytsin, U kulfatdan qutqarganlar ana shunday aytsin. U sharqu g‘arbdan, shimolu janubdan to‘plaganlar ham, Ko‘p yurtlardan yig‘ib keltirganlar ham ana shunday aytsin. Ba’zilari cho‘lu biyobonda tentirab yurdilar, Yashash uchun biron shaharga yo‘l topmadilar. Och, tashna holda qoldilar, Sal bo‘lmasa o‘layozdilar. Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar, Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi. Ular yashaydigan shaharga borgunga qadar, Egamiz ularni to‘g‘ri yo‘ldan yetakladi. Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin! Egamizning insoniyatga ko‘rsatgan ajoyib ishlari uchun shukr qilsin! Zotan U qondirar tashna bo‘lganlarni, To‘ydirar ne’matlar bilan ochlarni. Ba’zilari zim–ziyo zulmatda o‘tirardilar, Asir bo‘lib, kishanda azob chekardilar. Ular Xudoning so‘zlariga qarshi isyon qilgandilar, Xudoyi Taoloning yo‘l–yo‘riqlarini mensimadilar. Shu bois Xudo ularni og‘ir ishlarga majbur etdi, Ular yiqilganda, yordam berishga biron kimsa bo‘lmadi. Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar, Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi. Ularni zim–ziyo zulmatdan olib chiqdi, Ularning kishanlarini parcha–parcha qildi. Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin! Egamizning insoniyatga ko‘rsatgan ajoyib ishlari uchun shukr qilsin! Zotan U bronza darvozalarni sindirar, Temir tambalarni ikkiga bo‘lib tashlar. Ba’zilari ahmoq bo‘lib, itoatsizlik qildilar, Gunohlari tufayli azobga duchor bo‘ldilar. Har qanday ovqatdan jirkanar edilar, O‘lim og‘ziga yaqinlashib qolgan edilar. Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar, Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi. Egamiz gapirib, ularga shifo berdi, Qabrdan ularni saqlab qoldi. Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin! Egamizning insoniyatga ko‘rsatgan ajoyib ishlari uchun shukr qilsin! Shukrona qurbonligini ular keltirsinlar, Uning ishlarini sevinch qo‘shiqlari ila aytsinlar. Ba’zilari kemalarda dengizga chiqdilar, Vahimali suvlar uzra savdo qildilar. Ular Egamizning ishlarini, Chuqur suvda Uning mo‘jizalarini ko‘rdilar. U amr berganda, bo‘ron qo‘zg‘aldi, Dengiz to‘lqinlari baland ko‘tarildi. Kema osmonga ko‘tarilib, yana chuqur suvga tushdi, Falokatdan kemadagilar bemajol bo‘lib qoldi. Ular mastlar kabi dovdirab aylandi, Mahoratlari foyda bermadi. Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar, Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi. U bo‘ronni shabadaga aylantirdi, Dengiz to‘lqinlari sukutga cho‘mdi. To‘lqinlar jim bo‘lganidan ular sevindi, Istagan bandargohga ularni keltirib qo‘ydi. Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin! Egamizning insoniyatga ko‘rsatgan ajoyib ishlari uchun shukr qilsin! Ular jamoa oldida Egamizni ulug‘lasin, Oqsoqollar yig‘inida Unga hamdu sanolar aytsin. Egamiz daryolarni sahroga aylantirar, Buloqlarni qaqragan yerga aylantirar. Aholining fosiqligi sababli esa Hosildor yerlarni sho‘r yerga aylantirar. Egamiz sahroni ko‘llarga aylantirar, Qaqragan yerni buloqlarga aylantirar. Och–yupunlarni u yerga olib kelib o‘rnashtirar. Ular esa yashash uchun shaharlar qurar. Dalalarga urug‘ ekib, uzumzorlar yaratar, Dalalardan mo‘l–ko‘l hosil olar. Egamizning barakasi ila ular juda ko‘payar, Ularning chorvasi kamayishiga Egamiz yo‘l qo‘ymas. [39-40] Egamiz aslzodalarni xor qildi, Yo‘lsiz sahroda ularni sargardon qildi. Zulm, kulfat, g‘amdan Ularning soni kamaydi, Ular qashshoqlashdi. *** Yo‘qsillarni esa Egamiz kulfatdan qutqarar, Ularning oilasini qo‘y suruviday ko‘paytirar. To‘g‘ri insonlar buni ko‘rib, sevinar, Fosiqlar esa og‘zini yopib, jim bo‘lar. Donolar bularga e’tibor bersin, Egamizning sodiq sevgisini anglasin. Dovud sanosi. Qo‘shiq. Ey Xudo, yuragim Senga sodiq, Jonim boricha Seni kuylab, qo‘shiq aytaman. Uyg‘on, ey arfa, lira! Tongni ham men uyg‘otaman! Ey Egam, xalqlar orasida Senga shukrona aytaman, Ellar orasida Senga hamdu sano kuylayman. Sodiq sevging samolarday yuksakdir, Sadoqating bulutlarga cho‘zilgandir. Ey Xudo, falakdan ham yuqorida yuksalaver! Shuhrating butun zamin uzra yoyilsin. O‘ng qo‘ling ila g‘alaba ato qilgin, Menga javob bergin, O‘zingning sevganlaring topsin najot. Ey Xudo, O‘z muqaddas makoningdan va’da bergansan: “Shodlanib Shakamni bo‘lib tashlayman, Suxo‘t vodiysini taqsimlab beraman. Gilad Menikidir, Manashe Menikidir, Efrayim dubulg‘amdir, Yahudo saltanat hassamdir. Mo‘ab Mening qo‘lyuvgichimdir, Edom uzra chorig‘imni otaman, Filistlar uzra zafar ila hayqiraman.” Eh, qaniydi mustahkam shaharga meni olib borsalar, Edomga meni boshlab borsalar. Ey Xudo, axir, bizni O‘zing rad etding–ku! Lashkarimizga yo‘lboshchilik qilmayapsan–ku endi! Dushmandan qutqarib, bizga yordam ber, Insonning yordami butunlay behuda. Ey Xudo, Sen bilan biz g‘olib bo‘lamiz, Dushmanlarimizni Sen yanchib tashlaysan. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. [1] Seni olqishlayman, ey Xudo, Sukut saqlamagin. Fosiq, yolg‘onchilar menga qarshi og‘iz ochgan, Yolg‘onchi tillar bilan menga qarshi gapirar. Nafratga to‘la so‘zlarni ustimga yog‘dirarlar, Sababsiz menga hujum qilarlar. Menga ayb qo‘yarlar do‘stligimga javoban, Ibodat qilaman hamon. Yaxshilik evaziga menga yomonlik qaytararlar, Do‘stligim evaziga menga adovat qilarlar. Fosiqni ularga qarshi qo‘y, Ularning o‘ng tomonida ayblovchi tursin. Sinalganda, ular aybdor bo‘lsin, Ularning ibodati gunoh deb hisoblansin. Ularning umri qisqa bo‘lsin, Yo‘lboshchiligini boshqasi olsin. Yetim bo‘lib qolsin bolalari, Beva bo‘lib qolsin xotinlari. Bolalari kulbasidan ayrilib, darbadar bo‘lsin, Non izlab tilanchi bo‘lsin. Mol–holini sudxo‘rlar egallasin, Mehnat samarasini begonalar tortib olsin. Biron kimsa ularga shafqat qilmasin, Ularning yetim bolalariga hech kim achinmasin. Ularning nasl–nasabi qirilib ketsin, Bir nasldan so‘ng nomlari yo‘q bo‘lsin. Ey Egamiz! Otalari aybini esga olgin, Onalarining gunohini hech qachon unutmagin. Ey Egamiz, ularning gunohidan doim xabardor bo‘lgin, O‘sha insonlarning xotirasini yer yuzidan o‘chirgin. Axir, ular hech qachon shafqat qilishni o‘ylamadi. Muhtojlarni, umidsizlikka tushganlarni, Kambag‘allarni ta’qib qildi, o‘ldirdi. Ular la’natlashni yaxshi ko‘rardi, Endi la’nati o‘zlarining boshiga kelsin. Duo qilishni yoqtirmasdi, Endi duo ulardan uzoq bo‘lsin. La’natni ular kiyimday kiyardi, Ularning tanasiga la’nat suv kabi kirardi, Suyaklariga moy kabi singardi. Ha, kiyim kiyganday, ular la’natga o‘ranib olsin, La’natni har kuni belga taqadigan kamarday qilib olsin. Ey Egam! Menga qarshi yomon gapiruvchilarga, Meni ayblovchilarga Sendan ana shular mukofot bo‘lsin. Sen, ey Egam Rabbiy, O‘z noming haqi menga madad ber, Ezgudir sodiq sevging, meni qutqar. Men bir bechora, yo‘qsilman, Ichimda yuragim yaralangandir. Oqshomgi soyaday yo‘q bo‘lib boryapman, Chigirtkaday men uloqtirilganman. Ro‘za tutganimdan tizzalarimda darmon yo‘q, Etim suyagimga yopishib qolgan. Dushmanlarim haqoratining nishoniman, Meni ko‘rganlarida masxaralab, boshlarini chayqashar. Ey Egam Xudo, menga madad bergin, Sodiq sevging haqi meni xalos qilgin. Buni Sening qo‘ling qilganini dushmanlarim bilsin, Ey Egam, menga najot bergan Sen ekaningni ular bilsin. Mayli, ular meni la’natlasin, Sen esa menga baraka berasan. Ular hujum qilganda, sharmanda bo‘lishsin, Men, Sening quling esa shod–xurram bo‘lay. Meni ayblovchilar badnomlikka burkansin, Chopon kiyganday, sharmandalikka o‘ransin. Egamga cheksiz shukronalar aytaman, Xaloyiq orasida Unga hamdu sano o‘qiyman. Egamiz turar yo‘qsullarning o‘ng tomonida, Ularni o‘limga mahkum etganlardan qutqarmoq uchun. Dovud sanosi. [1] Egamiz aytmoqda hazratimga: “Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirgin.” Ey hazratim! Egamiz sening hukmronligingni Quddusdan boshlab kengaytirar! Dushmanlaring o‘rtasida sen hukmronlik qil! Sen jang qiladigan kunda Jangchilaring o‘z xohishi bilan maydonga chiqadi. Erta tong yosh yigitlaring Shabnam kabi atrofingda to‘planadi, Ular muqaddas ulug‘vorlikka burkangan. Egamiz ont ichgan, qarorini o‘zgartirmas: “Sen Maliksidiq singari To abad ruhoniysan.” Rabbiy o‘ng tomoningda o‘tirar, G‘azablangan kunda shohlarni ezib tashlar. U xalqlarni hukm qilib, jasadlarini uyum qilar, Butun yer yuzidagi hukmdorlarni ezib tashlar. Ey hazratim, yo‘l bo‘yidagi irmoqdan suv ichasan, Kuchga to‘lib, g‘olib bo‘lib turasan. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! To‘g‘ri insonlar jamoasida bo‘lganimda, Butun qalbimdan Egamga shukr aytaman. Egamizning ishlari buyukdir, Ulardan lazzat oluvchilar ular haqda fikr yuritadilar. Egamizning ishlari muhtasham, haybatlidir, Uning adolati to abad davom etadi. Egamiz unutilmas ajoyibotlarni yaratdi, U rahmdil va shafqatlidir. O‘zidan qo‘rqqanlarga rizq–ro‘zini beradi, O‘z ahdini doimo yodida tutadi. Xalqiga qudratli ishlarini ko‘rsatdi, Boshqa xalqlar yerini ularga berdi. Hamma ishlarida sodiq, adolatlidir, Uning hamma amrlari ishonchlidir. Ularning hammasi to abad mustahkam turadi, Egamiz ularni sadoqat, to‘g‘rilik ila ijro qildi. U xalqini qutqardi, To abad ahdi bilan ularni O‘ziga bog‘ladi. Uning nomi muqaddas, qo‘rqinchlidir. Egamizdan qo‘rqish donolikning boshidir, Bunday yo‘l tutganlarning aqli rasodir, Uning hamdu sanolari to abad davom etadi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Baxtlidir Egamizdan qo‘rqadigan odam, Uning amrlarini bajarib zavq oladigan odam! Bunday odamning avlodi yurtda qudratli bo‘ladi, To‘g‘ri odamning nasli baraka topadi. Uning uyida mo‘lchilik, boylik bo‘ladi, Uning solihligi to abad davom etadi. Hatto zulmatda ham to‘g‘ri insonga nur yog‘iladi, U rahmdil, mehribon va solihdir. Yaxshi odam saxiy, qarz beradi, Adolat bilan ish yuritadi. Solih hech qachon tebranmaydi, U to abad unutilmaydi. U yomon xabardan qo‘rqmaydi, Butun yurakdan Egamizga umid bog‘laydi. Yuragi barqarordir, qo‘rquv nimaligini bilmaydi, Oxiri dushmanlari mag‘lubiyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Boyligini muhtojlarga saxiylik ila taqsimlaydi, Uning solihligi to abad davom etadi. U qudratli, hurmatli bo‘ladi. Fosiqlar buni ko‘rib, g‘azabga minadi, Tishlarini g‘ichirlatib, shalvirab qoladi, Fosiqlarning istagi puchga chiqadi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Hamdu sano ayting, ey Egamizning qullari, Hamdu sanolar bo‘lsin Egamizning nomiga! Egamiz nomiga hozir ham, Abadulabad olqishlar bo‘lsin. Sharqdan g‘arbga qadar Egamizning nomiga olqishlar bo‘lsin! Egamiz barcha xalqlar ustidan yuksalgan, Uning shuhrati samolardan ham buyukdir. Egamiz Xudoga kim o‘xshaydi?! U yuksakda taxt qurgan. U samoga, yer yuziga egilib, qaraydi. Tuproqqa qorilgan bechorahollarni U ko‘taradi, Faqirlarni axlat uyumidan olib, yuksaltiradi. Ularga shahzodalar yonidan joy beradi, O‘z xalqining shahzodalari bilan birga o‘tqazadi. Befarzand ayolni o‘z uyida U sharaflaydi, Unga farzand ato etib, baxtiyor qiladi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! [1-2] Isroil xalqi Misrdan chiqib ketganda, Yahudo yurti Xudoning muqaddas maskani bo‘ldi. Ha, Yoqub xonadoni begona yurtdan ketganda, Isroil yurti Xudoning shohligi bo‘ldi. *** Dengiz Xudoni ko‘rdi–yu, qochdi, Iordan daryosi orqaga qaytdi. Tog‘lar qo‘chqorlar kabi sakradi, Tepaliklar qo‘zilar kabi irg‘idi. Ne bo‘ldi, ey dengiz, qochib ketding? Ne bo‘ldi, ey Iordan, orqaga qaytding? Ey tog‘lar, nechun sakradingiz takalar kabi? Ey tepaliklar, nechun irg‘idingiz qo‘zilar kabi? Titragin, ey zamin, Rabbiy oldida, Yoqubning Xudosi huzurida. U qoyani suv hovuziga aylantirgan, Qattiq qoyani buloqqa aylantirgan. Ey Egam! Sodiq sevging, sadoqating haqi Senga sharaflar bo‘lsin! Bizga emas, Senga sharaflar bo‘lsin! Nima uchun begona xalqlar: “Qani ularning Xudosi”, deya aytarlar? Bizning Xudoyimiz samolardadir, U istaganini qilaveradi. Xalqlarning xudolari esa kumush, oltindan, Inson qo‘llarining mahsullaridir. Butlarning og‘izlari bor, so‘zlay olmaslar, Ko‘zlari bor, ko‘ra olmaslar. Ularning quloqlari bor, eshita olmaslar, Burunlari bor, hidlay olmaslar. Ularning qo‘llari bor, seza olmaslar, Oyoqlari bor, yura olmaslar, Bo‘g‘izlaridan ovoz chiqara olmaslar. Butlarni barpo qilganlar, butlarga ishonganlar Xuddi ularga o‘xshagan bo‘lib qolar. Ey Isroil xalqi! Ishoning Egamizga, U madad berar, qalqon bo‘lar sizga! Ey Horun xonadoni! Ishoning Egamizga, U madad berar, qalqon bo‘lar sizga! Ey Egamizdan qo‘rqqanlar! Ishoning Egamizga, U madad berar, qalqon bo‘lar sizga! Egamiz bizni yodda tutib, baraka beradi, Isroil xalqiga U baraka beradi, Horun xonadoniga U baraka beradi. Egamiz O‘zidan qo‘rqqanlarga baraka beradi, Kattayu kichikka bir xilda baraka beradi. Egamiz sizlarni, Bolalaringizni ko‘paytirsin. Osmonu yerni yaratgan Egamiz sizlarga baraka bersin. Samolar Egamizning samolaridir, Yerni esa U insonlarga bergandir. O‘lim sukunatiga botganlar — o‘liklar Egamizga hamdu sano aytmaslar. Biz esa Egamizga hozir ham, abadulabad Olqishlar aytamiz. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamni sevaman, U meni eshitadi, Mening iltijolarimni U tinglaydi. Quloq berib meni tinglagani uchun Umrim bo‘yi Egamga iltijo qilaman. Meni o‘lim to‘rlari o‘rab oldi, O‘liklar diyorining azoblari boshimga tushdi, Meni bosdi dardu g‘am, alamlar. Shunda Egamga iltijo qildim: “Ey Egam, yolvoraman, meni qutqar!” Egamiz mehribon, odildir, Xudoyimiz rahmdildir. Egamiz sodda insonlarni himoya qiladi, Xavf–xatarda qolganimda, U meni qutqaradi. Ey jonim, yana xotirjam bo‘lgin, Egam menga ezgulik qilgan. Egam jonimni o‘limdan qutqarib qoldi, Ko‘zlarimni yosh to‘kishdan, Oyog‘imni qoqilishdan qutqardi. Tiriklar diyorida ekanman Egamning yo‘lidan yuraveraman. Juda ko‘p azob cheksam ham, Xudoga ishonaverdim. O‘ylamasdan: “Hamma odamlar yolg‘onchidir”, dedim. Egamga nima bilan qaytaray Menga qilgan barcha yaxshiliklari uchun? Najot topganimni nishonlayman, Egamga sajda qilaman. Egamiz xalqining ko‘zi oldida Unga bergan ontimni ado etaman. Egamiz taqvodorlarining o‘limi Uning nazarida juda achchiqdir. Ey Egam, men Sening qulingman, Cho‘ringning o‘g‘liman, O‘zing kishanlardan meni ozod qilgansan. Shukrona qurbonligini Senga nazr qilaman, Senga sajda qilaman. [9-10] Quddusda, Sening uying hovlilarida, Jamiki xalqingning ko‘zi oldida Ey Egam, Senga bergan ontimni ado etaman. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey barcha xalqlar, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey jamiki elatlar, Uni olqishlanglar! Zero, Uning bizga bo‘lgan sodiq sevgisi ulug‘dir, Egamizning sadoqati to abad davom etar. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Isroil xalqi shunday aytsin: “Uning sodiq sevgisi abadiydir.” Horun avlodi shunday aytsin: “Uning sodiq sevgisi abadiydir.” Egamizdan qo‘rqqanlar shunday aytsin: “Uning sodiq sevgisi abadiydir.” Kulfatda qolganimda Egamga iltijo qildim, Javob berib, U meni ozod qildi. Egam men bilan birga, shu bois qo‘rqmayman. Insonlar menga nima qila oladi?! Egam men bilan birga, U menga madad beradi, Ko‘zlarim dushmanlarim mag‘lubiyatini ko‘radi. Insondan umid qilgandan ko‘ra, Egamizdan panoh izlash yaxshidir. Shahzodalardan umid qilgandan ko‘ra, Egamizdan panoh izlash yaxshidir. Dushman xalqlar o‘rab olgan atrofimni, Egamning qudrati bilan ularni uloqtirdim. Har tarafdan o‘rab, menga hujum qilgandi, Egamning qudrati bilan ularni uloqtirdim. Atrofimni arilarday o‘rab oldilar, Tikan alangasiday lov etdilar–da, o‘chdilar, Egamning qudrati bilan ularni uloqtirdim. Meni qattiq turtganlarida, yiqilayozdim, Egam menga madad berdi. Egam mening kuch–qudratimdir, U mening qutqaruvchimdir. Solihlarning chodirlarida Shodlik, zafar qo‘shiqlari jaranglaydi: “Egamizning o‘ng qo‘li mag‘lub qiladi. Egamizning o‘ng qo‘li baland ko‘tariladi, Ha, Egamizning o‘ng qo‘li mag‘lub qiladi.” Men o‘lmayman. Ha, men yashayman, Egamning ishlarini naql qilaman. Egam meni qattiq jazoladi, Lekin o‘lishimga yo‘l qo‘ymadi. Adolat darvozalarini menga ochinglar, Toki men darvozadan kirib, Egamga shukronalar aytayin. Bu Egamizning darvozasidir, Solihlar shu darvozadan kirsin. Ey Egam, ibodatimga javob berganing uchun, Mening najotkorim bo‘lganing uchun Senga shukrona aytaman. Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi. Bu Egamizning qilgan ishidir, Ko‘z oldimizdagi ajoyibotdir. Egamiz yaratgan kundir bu, Bu kunda shod bo‘lib, sevinaylik. Najot ber bizga, yolvoramiz, ey Egam! Yolvoramiz, omad ber bizga, ey Egam! Egamiz nomi bilan keladigan zot baraka topsin, Egamiz uyidan turib, seni duo qilamiz. Egamiz Xudodir, U bizga nur bergan. Bayram nishonlashni boshlang! Palma shoxlarini olib, qurbongoh oldiga boring. Sen Xudoyimsan, Senga shukr aytaman, Sen Xudoyimsan, Seni ulug‘layman. Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Baxtlidir yo‘llari pok bo‘lganlar, Ey Egam, Sening qonuning bo‘yicha yuradiganlar. Baxtlidir Sening shartlaringga rioya qiladiganlar, Butun qalbi bilan Senga intiladiganlar. Ular aslo nohaq ish qilmaydilar, Sening yo‘llaringdan yuradilar. O‘zing bizga amr berib, Buyruqlarimga diqqat ila itoat eting, degansan. Qani, endi farmonlaringni ado etishda barqaror bo‘lsam! Men sharmanda bo‘lib qolmay, deya Hamma amrlaringga diqqat qilaman. Sening odil qoidalaringni o‘rganganimda, Toza qalb ila hamdu sano aytaman Senga. Sening qonunlaringni bajaraman, Meni butunlay tark etmagin. Yigit qanday qilib yo‘llarini pok saqlaydi? Kaloming bo‘yicha yashab, shunga erishadi. Butun qalbim bilan Senga intilaman, Amrlaringdan og‘ishimga yo‘l qo‘ymagin. So‘zlaringni yuragimda asrayman, Toki Senga qarshi gunoh qilmayin. Ey Egam, Senga olqishlar bo‘lsin, Farmonlaringni o‘rgatgin menga. Og‘zingdan chiqqan barcha qoidalarni O‘z og‘zim bilan e’lon qilaman. Shartlaringga ergashib, lazzat topaman, Go‘yo katta boylik topib xursand bo‘laman. Buyruqlaring haqida chuqur fikr yuritaman, Sening yo‘llaringga diqqat qilaman. Farmonlaringdan lazzat olaman, Kalomingni men unutmasman. Men, O‘z qulingga yaxshilik qilgin, Toki yashab, kalomingga itoat etayin. Ko‘zlarimni och, toki ko‘rayin Qonuningdagi ajoyibotlarni. Yer yuzida musofirday yashayman, Amrlaringni mendan yashirma. Jonim kuyayotir hasrat bilan, Qoidalaringni o‘rganishni doim istayman. La’natlangan takabburlarga, Amrlaringdan og‘ib ketganlarga Sen tanbeh berasan. Haqorat, xo‘rlikni mendan uzoqlashtir, Axir, shartlaringni doimo bajarganman. Hatto shahzodalar to‘planib, menga bo‘hton qilsalar ham Men farmonlaring haqida chuqur fikr yuritaman. Sening shartlaring menga lazzat bag‘ishlaydi, Shartlaring men uchun maslahatchidirlar. Jonim chiqay deb turibdi, Va’dangga ko‘ra, hayotimni saqlagin. Hayotim haqida Senga aytib berdim, Sen javob berding. Endi farmonlaringni menga o‘rgatgin. Menga buyruqlaringni tushuntir, Toki mo‘jizalaring haqida chuqur fikr yuritay. Jonim ado bo‘ldi g‘am–g‘ussadan, Quvvat bergin menga va’dangga binoan. Soxta yo‘llardan meni saqlagin, Iltifot ila qonuningni menga o‘rgatgin. Men sadoqat yo‘lini tanlaganman, Qoidalaringni yuragimga jo qilganman. Ey Egam, shartlaringni mahkam ushlaganman, Endi sharmanda bo‘lishimga yo‘l qo‘ymagin. Jonim bilan amrlaringni bajaraman, Zotan menga ko‘p zakovat ato qilasan. Ey Egam, menga farmonlaringni o‘rgat, Toki men ularni oxirigacha bajarayin. Zakovat ber menga, toki qonuningga rioya qilay, Chin qalbimdan qonuningni bajaray. Amrlaring so‘qmog‘idan meni yetaklagin, Men undan lazzat topaman. Yuragimni nohaq foyda tomon emas, O‘z shartlaring tomon burgin. Ko‘zlarimni befoyda narsalardan qaytargin, Va’dangga binoan hayotimni saqlagin. Men, O‘z qulingga bergan va’dangda turgin, Bu va’dang Sendan qo‘rqadiganlar uchundir. Sharmandalikdan qo‘rqaman, mendan uzoq qil, Zotan qoidalaring ezgudir. Buyruqlaringga naqadar talpinaman, Adolating bilan hayotimni saqlagin. Sodiq sevgingni, ey Egam, menga ko‘rsat, Va’dangga ko‘ra, menga najot ber. Shunda meni haqorat qilganlarga javob beraman, Sening kalomingga umid qilaman. Og‘zimdan haqiqat kalomini tamom tortib olma, Sening qoidalaringga umidimni bog‘ladim. Qonuningga doimo rioya qilaman, Abadulabad rioya qilaman. Men ozod bo‘lib yuraveraman, Buyruqlaringni izlab topganman. Shohlar oldida shartlaringdan so‘ylayman, Sharmanda bo‘lmasman. Amrlaringdan lazzat topaman, Men amrlaringni sevaman. Amrlaringga izzatu sevgi ko‘rsataman, Farmonlaring haqida chuqur fikr yuritaman. Esla men, qulingga bergan va’dangni, Sen va’da berib, umidvor qilgansan meni. Kulfatda qolganimda shu menga tasalli beradi, Sening va’dang mening hayotimni saqlaydi. Takabbur meni tamom masxara qiladi, Shunda ham qonuningdan yuz o‘girmasman. Azaliy qoidalaringni, ey Egam, eslayman, Bu qoidalaringdan men tasalli topaman. Fosiq qonuningdan yuz o‘girgan, Shu bois men qattiq g‘azablanaman. Qayerda boshpana qilgan bo‘lmayin, Sening farmonlaring qo‘shig‘im bo‘ldi. Ey Egam, tunda ham Seni eslayman, Sening qonunlaringga rioya etaman. Bu menga odat bo‘lgan edi, Buyruqlaringga rioya qildim. Ey Egam, Sen mening xavfsizligim manbaisan, Kalomingga itoat etaman, deb va’da beraman. Jamolingni izladim chin qalbimdan, Mehribon bo‘l menga va’dangga binoan. Yo‘llarimga diqqat qildim, Shartlaring bo‘yicha qadam bosaman. Men shoshilaman, kechikmasman Amrlaringga itoat etmoq uchun. Fosiqlar meni arqonlar bilan bog‘laydi, Shunda ham Sening qonuningni unutmayman. Yarim tunda uyg‘onib, odil qoidalaring uchun Senga hamdu sano aytaman. Sendan qo‘rqqanlarga men do‘stman, Buyruqlaringga rioya qilganlarga sherikman. Ey Egam, sodiq sevgingdan zamin to‘lgandir, Farmonlaringni menga o‘rgat. Ey Egam, O‘zing bergan va’dangga muvofiq Men, O‘z qulingga yaxshilik qilding. Menga donolik, zukkolik bergin, Sening amrlaringga ishondim. Jazo olmasimdan oldin adashar edim, Endi Sening so‘zingga itoat etaman. Naqadar yaxshisan, ezgulik qilasan, Farmonlaringni menga o‘rgatgin. Takabbur yolg‘on so‘ylab, meni qoraga chaplar, Men esa chin qalbdan buyruqlaringga itoat etaman. Ularning qalbini yog‘ bog‘lagan, Men esa qonuningdan lazzat olaman. Tortgan jazoim menga saboq bo‘ldi, Shu orqali farmonlaringni o‘rgandim. Minglab kumush, oltin bo‘laklaridan ko‘ra, Yaxshidir men uchun og‘zingdan chiqqan qonun. Qo‘llaring meni yaratgan, barpo qilgan, Amrlaringni o‘rganishga menga idrok bergin. Sendan qo‘rqqanlar meni ko‘rib, sevinsinlar, Zotan, Sening kalomingga umid qilganman. Ey Egam, hukmlaring adolatliligini bilaman, Menga jazo berganingda, Sen haq eding. Men, O‘z qulingga bergan va’dangga ko‘ra, Sodiq sevging menga tasalli bo‘lsin. Menga shafqat qilgin, toki yashayin, Axir, Sening qonuning men uchun lazzat. Yolg‘on gapirib, menga zarar qilgani uchun Takabburlar sharmanda bo‘lsin. Men esa buyruqlaring haqida fikr yuritaman. Men tomon kelsin Sendan qo‘rqqanlar, Sening shartlaringni biladiganlar. Farmonlaringni bitta qolmay bajaray, Toki men sharmanda bo‘lib qolmay. Najotingni kutib, jonim ado bo‘lmoqda, Sening kalomingdan umid qilmoqdaman. Va’dalaringni kutib, ko‘zimning nuri so‘nadi, “Qachon menga tasalli berasan?” deya so‘rayman. Tutunda qorayib, bujmaygan meshday bo‘lsam ham, Sening farmonlaringni men unutmaganman. Men, Sening quling qachongacha kutishim kerak? Meni ta’qib qiluvchilarni qachon hukm qilasan? Takabburlar menga chuqur qazirlar, Sening qonuningga ular qarshi chiqarlar. Hamma amrlaring umidbaxshdir. Meni sababsiz ta’qib etarlar, yordam ber! Ular meni yer yuzidan yo‘q qilay, dedi, Ammo buyruqlaringni men tark etmadim. Sodiq sevging haqi saqla hayotimni, Toki og‘zingdan chiqqan shartlarga rioya qilay. Kaloming, ey Egam, to abaddir, U samolarda mustahkam turadi. Sening sadoqating nasllar osha davom etadi, Yerni barqaror qilgansan, u to abad turaveradi. Qoidalaring tufayli Yeru osmon bugun ham mustahkamdir, Butun olam qo‘ling ostidadir. Agar qonuning men uchun lazzat bo‘lmasaydi, Tortgan g‘amu kulfatlarimdan tamom bo‘lardim. Men buyruqlaringni hech qachon unutmayman, Bular orqali Sen hayotimni saqlagansan. Men Senikidirman, meni qutqargin, Zotan, men buyruqlaringni bajarishga intilganman. Fosiqlar meni o‘ldirishga payt poylaydi, Men esa shartlaring haqida chuqur fikr yuritaman. Jamiki komillikning cheklanganini ko‘rdim, Sening amrlaring esa chegarasizdir. O, naqadar sevaman qonuningni! Kun bo‘yi xayolimda tutaman uni. Amrlaring meni g‘animlarimdan ko‘proq dono qildi, Amrlaring doimo men bilan birga. Barcha ustozlarimdan ham ziyrakroq bo‘ldim, Sening shartlaring ustida fikr yuritaman. Yoshi ulug‘lardan ham donoroq bo‘ldim, Chunki Sening buyruqlaringga itoat etdim. Har qanday yomon yo‘ldan qadamimni tiydim, Toki Sening kalomingga itoat etay dedim. Qoidalaringdan men qaytmadim, Menga O‘zing ta’lim bergansan. So‘zlaring men uchun naqadar mazalidir, Asaldan ham shirin tuyular og‘zimga. Buyruqlaring tufayli men dono bo‘laman, Har qanday yolg‘on yo‘ldan nafratlanaman. Sening kaloming qadamlarim uchun chiroqdir, Yo‘limga nur sochadigan yorug‘likdir. Adolatli qoidalaringni bajaray, deb Ont ichib, ontimni mustahkam qildim. Ey Egam, men ko‘p jafo chekdim, Va’dangga ko‘ra, hayotimni saqla. Ey Egam, maqtov nazrlarimni qabul etgin, Menga qoidalaringni o‘rgatgin. Hayotim har on xavfda bo‘lsa ham, Sening qonuningni men unutmayman. Fosiqlar menga tuzoq qo‘ydilar, Shunda ham buyruqlaringdan og‘ib ketmadim. Sening shartlaring to abad mening mulkimdir, Shartlaring qalbimning quvonchidir. Farmonlaringni to abad ijro etmoqqa Yuragimni moyil qildim. Ikkiyuzlamachilardan men nafratlanaman, Sening qonuningni sevaman. Sen mening panohimsan, qalqonimsan, Sening kalomingga umid bog‘layman. “Ey badkirdorlar, yo‘qoling ko‘z oldimdan, Men Xudoyimning amrlarini bajaray”, deb aytaman. Va’dangga ko‘ra, menga tayanch bo‘l, toki yashayin, Umidim puchga chiqmasin, sharmanda bo‘lmayin. Suyanchiq bo‘l menga, toki najot topayin, Farmonlaringga doim diqqat bilan boqayin. Farmonlaringdan toyganlarni rad etding, Ularning hiylayu nayranglari behudadir. Yer yuzidagi jamiki fosiqlarni Axlatday uloqtirib tashlaysan, Shu bois men shartlaringni sevaman. Sendan qo‘rqqanimdan vujudim titraydi, Hukmlaringdan meni vahima bosadi. Adolatli, to‘g‘ri ishlar qilganman, Meni zolimlar qo‘lida qoldirma. Men, qulingning baxtiga kafolat bergin, Takabburlar meni ezishlariga yo‘l qo‘ymagin. Najotingni qidirib, ko‘zlarim toldi, Va’da qilgan najoting uchun ko‘zim nuri to‘kildi. Men, O‘z qulingga sodiq sevgingni ko‘rsatgin, Farmonlaringni menga o‘rgatgin. Sening qulingman, menga idrok bergin, Toki men shartlaringni bilib olayin. Ey Egam, vaqti keldi, O‘z ishingni qil, Sening qonuning buzildi. Chindan ham Sening amrlaringni Oltindan, eng sof oltindan ham ko‘proq sevaman. Sening buyruqlaringga ko‘ra, qadam bosaman, Har qanday yolg‘on yo‘ldan nafrat etaman. Sening shartlaring ajoyibdir, Shu bois ularga itoat etaman. Kalomingning ta’limoti ziyo sochadi, Soddalarga aql–idrok beradi. Og‘zim ochilib, og‘ir nafas olaman, Chunki Sening amrlaringga juda intilaman. Seni sevguchilarga har doim qilganingdek Men tomon yuz bur, shafqat qilgin. Va’dangga ko‘ra, qadamlarimni sobit qil, Hech qachon ustimdan gunoh hukmron bo‘lmasin. Inson zulmidan meni qutqargin, Toki Sening buyruqlaringga itoat etayin. Jamoling menga nurlarini sochsin, Farmonlaringni menga o‘rgatgin. Ko‘zlarimdan yoshlar daryo bo‘lib quyilar, Axir, odamlar qonuningga rioya qilmayapti. Sen odilsan, ey Egam, Hukmlaring adolatlidir. Adolat ila shartlaringni buyurgansan, Tamomila ishonchlidir shartlaring. G‘azabim meni ado qilmoqda, Dushmanlarim kalomingni rad etmoqda. Va’dalaring naqadar sofdir! Men va’dalaringni naqadar sevaman! Men keraksizman, xo‘rlanganman, Buyruqlaringni unutmayman. Sening adolating mangudir, Sening qonuning haqiqatdir. Boshimga kulfatu azob keldi, Amrlaring menga zavq berar. Shartlaring to abad adolatlidir, Idrok bergin menga, toki yashayin. Ey Egam, chin ko‘ngildan yolvoraman, javob ber, Farmonlaringga rioya qilaman. Senga faryod qilaman, meni qutqargin, Toki shartlaringga men rioya qilay. Kun chiqmasdan Sendan madad so‘rab faryod qilaman, Sening kalomingga men umid bog‘layman. Sening va’dangni chuqur anglay, deb Ko‘zlarimga tun bo‘yi uyqu kelmaydi. Sodiq sevgingga ko‘ra, ovozimni eshitgin, Ey Egam, adolating bilan hayotimni saqlagin. Qabih reja tuzadiganlar yaqin kelmoqda, Ular qonuningdan uzoqda yuradi. Sen esa, ey Egam, yaqindasan, Hamma amrlaring haqiqatdir. Shartlaringni to abad tayinlaganingni Azalda ularning o‘zidan bilib oldim. Azoblarimga qaragin, meni qutqargin, Axir, men Sening qonuningni unutmadim. Mening da’voimni isbot qil, meni qutqar, Va’dangga ko‘ra, hayotimni saqla. Fosiqdan najot uzoqdadir, Sening farmonlaringni ular izlamaslar. Ey Egam, shafqating buyukdir, Adolating bilan hayotimni saqla. Meni ta’qib qiluvchi dushmanlarim ko‘p, Men shartlaringdan yuz o‘girmayman. Makkorlarga nafrat ila qarayman, Ular Sening amrlaringga rioya qilmaydi. Qaragin, naqadar sevaman buyruqlaringni, Sodiq sevgingga ko‘ra, saqlagin hayotimni. Kaloming mohiyati haqiqatdir, Adolatli qoidalaring to abad davom etadi. Hukmdorlar meni sababsiz ta’qib qilar, Yuragim kalomingdan qo‘rqib titrab turar. Xuddi ulkan xazina topgan odamday, Sening so‘zingdan shod bo‘laman. Yolg‘ondan nafratlanib, jirkanaman, Sening qonuningni esa sevaman. Sening adolatli qoidalaring tufayli Yetti marta kuniga Seni madh qilaman. Qonuningni sevganlar buyuk tinchlikka yetar, Hech narsa ularga to‘siq bo‘la olmaydi. Ey Egam, men najotingga umid qilaman, Men Sening amrlaringni bajaraman. Shartlaringga itoat etaman, Men ularni g‘oyatda sevaman. Buyruq, shartlaringga rioya qilaman, Hamma yo‘llarim Senga ma’lumdir. Ey Egam, ohu nolam yetsin Senga, Idrok bergin menga, kalomingga ko‘ra. Iltijoim yetib borsin Senga, O‘zing bergan va’dangga ko‘ra, meni qutqar. Lablarimdan hamdu sano to‘lib–toshsin, Menga o‘rgatasan farmonlaringni. Tilim kuylaydi Sening va’dangni, Zotan, adolatlidir barcha amrlaring. Menga yordamga tayyor turgin, Zotan tanlaganman men buyruqlaringni. Ey Egam, najotingga talpinaman, Sening qonuningdan lazzat topaman. Umr ber menga, hamdu sano aytayin Senga, Qoidalaring yordam bersin menga. Adashgan qo‘yday yo‘ldan ozganman, Izlab top meni, O‘z qulingni. Zotan, men amrlaringni unutmaganman. [1-2] Ziyorat qo‘shig‘i. [1-2] Qayg‘u–alamdan Egamga faryod qildim: “Ey Egam, yolg‘onchi lablardan, Makkor tildan jonimni asragin!” U faryodimga javob berdi. *** Ey makkor til, Egamiz boshingga ne kunni solar ekan? Uning ustiga yana nima qilar ekan senga? U jangchining o‘tkir o‘qlari bilan seni jazolaydi, Yonayotgan yulg‘un butasining cho‘g‘lari bilan senga jazo beradi. Holimga voy, Meshexda musofirman, Kedar chodirlari orasida yashayman. Tinchlikdan nafrat etuvchi xalq orasida Yashashdan charchadim. Men tinchlik tarafdoriman, Ammo gapiray, deb og‘iz ochsam, Ular urushni istaydilar. Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Tog‘larga tikaman ko‘zlarimni, Qayerdan kelar madad menga? Yeru osmonni yaratgan Egamdan kelar madad menga. Qoqilishingga U yo‘l qo‘ymas, U Posboningdir, aslo mudramas. Ha, Isroilning Posbonidir U, Mudramaydi, uxlamaydi U. Egamizdir sening posboning, Egamizdir yoningdagi soyang sening. Kunduzi oftob seni urmas, Kechasi oy senga zarar bermas. Egamiz seni barcha zarardan asraydi, Joningni Egamiz saqlaydi. Hozir va to abad qayerga borsang ham, Egamiz seni doim asraydi. Dovudning ziyorat qo‘shig‘i. [1] “ Egamizning uyiga boraylik”, deb Menga aytganlarida shod bo‘ldim. Mana turibmiz, ey Quddus, Darvozalaring ichkarisida. Quddus yaxshi qurilgan shahardir, Devorlari bir–biriga tutashtirib solingandir. Isroil xalqiga berilgan qonunga ko‘ra, Qabilalar u yerga chiqib borarlar! Ha, Egamizning qabilalari Unga shukr aytmoq uchun chiqib borarlar! U yerda hukm taxtlari o‘rnashgan, Ha, Dovud xonadonining taxtlari U yerda joylashgan. Duo qiling Quddusning tinchligi uchun: “Uni sevganlar huzur–halovat topsin. Devorlari ichida tinchlik bo‘lsin, Qal’alari bexatar bo‘lsin.” Qarindoshlarim, do‘stlarim haqi–hurmati, Quddusga tinchlik bo‘lsin, deya aytaman. Egamiz Xudoning uyi haqi–hurmati Quddusning iqbolini izlayman. Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Ey samolarda taxt qurgan Xudo! Ko‘zlarimni Senga tikaman. Ey Egamiz Xudo! Bizga shafqatingni ko‘rsatgin, deya, Biz Sendan umid qilamiz. Xo‘jayini qo‘liga qaragan Qullarning ko‘zlari kabi, Bekasining qo‘liga qaragan Cho‘ri qizning ko‘zlari kabi Ko‘zlarimiz Senga qadalgan. Shafqat qil, ey Egam, shafqat qil bizga, Ko‘rgan haqoratimiz yetib ortar. Beg‘amlarning masxaralashi jonimizdan to‘ydirdi, Kiborlarning haqoratidan pichoq borib suyakka yetdi. Dovudning ziyorat qo‘shig‘i. [1] Endi Isroil shunday desin: “ Egamiz biz tomonda bo‘lmasa edi, Ha, Egamiz biz tomonda bo‘lmasa edi, G‘animlarimiz bizga hujum qilganda, Ular bizga g‘azabini sochganda, Bizni tiriklayin yutgan bo‘lardi. To‘fon bizni girdobiga tortgan bo‘lardi, Sel bizni bosib olgan bo‘lardi. Pishqirgan suvlar ustimizdan bosgan bo‘lardi.” Egamizga olqishlar bo‘lsin, Yirtqich tishlarga bizni o‘lja qilib qo‘ymadi. Biz ovchining tuzog‘idan qutulgan Qushlarga o‘xshaymiz. Tuzoq sinib, biz qutuldik. Yeru osmonni yaratgan Egamizdan Bizga madad keladi. Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Egamizga umid bog‘laganlar Sion tog‘iga o‘xshar, Hech qachon tebranmas, to abad mustahkam turar. Tog‘lar Quddusni o‘raganday, Hozirdan boshlab to abad Egamiz O‘z xalqini o‘rab olgandir. Fosiq shohning saltanat hassasi Doimo solihlarning yurtida qolmaydi. Bo‘lmasa solihlar qo‘llarini yomon ishlarga uzatadi. Ey Egam, yuragi to‘g‘ri bo‘lganlarga, Yaxshilarga yaxshilik qilgin. Ey Egam, egri yo‘llarga burilganlarni Badkirdorlar bilan birga haydab yuborgin. Isroil uzra tinchlik bo‘lsin! Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Egamiz Quddusni yana farovonlikka erishtirganda, Tush ko‘rayotgan odamlarga o‘xshar edik. Og‘zimiz kulgi bilan, Tillarimiz shodlik qo‘shig‘i bilan to‘la edi. Shunda xalqlar aytdilar: “Ular uchun Egamiz buyuk ishlar qildi.” Ha, Egamiz biz uchun buyuk ishlar qilgandi, Biz quvonchga to‘lgandik. Nagav cho‘lidagi soyliklarni qayta suvga to‘ldirganday, Ey Egam, farovonligimizni qayta tiklagin. Ko‘z yosh bilan urug‘ ekkanlar Shodlik qo‘shiqlari ila hosil o‘radi. Yig‘lab, urug‘ xaltasini olib boruvchilar Shodlik qo‘shiqlari bilan qaytib keladi, Don bog‘lamlarini olib qaytadi. Sulaymonning ziyorat qo‘shig‘i. [1] Agarda uyni Egamiz qurmasa, Quruvchilarning ishi bekor bo‘ladi. Agar Egamiz shaharni qo‘riqlamasa, Qorovul behuda poyloqchilik qiladi. Erta turib, kech yotganingiz ham, Ovqat topay, deb tortgan mashaqqatingiz ham bekor. Egamiz O‘z sevganlarining ehtiyojini Uyqularida ham qondiradi. O‘g‘illar Egamizdan merosdir, Farzandlar Undan mukofotdir. Yoshligingizda tug‘ilgan o‘g‘illaringiz Jangchining qo‘lidagi o‘qlardaydir. O‘qdoni to‘la shunday inson baxtlidir! Shahar darvozasi oldida Dushmani bilan da’volashganda, U sharmanda bo‘lib qolmaydi. Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Ey Egamizdan qo‘rqqanlar, hammangiz baxtlisiz, Ey Uning yo‘lidan yuradiganlar, sizlar baxtlisiz. Mehnatingiz samarasini yeysiz, Baxtli bo‘lib, huzur–halovatga yetasiz. Xotiningiz hovlingizdagi serhosil Uzum tokiga o‘xshagan bo‘ladi. Dasturxoningiz atrofidagi bolalaringiz Yosh zaytun ko‘chatiga o‘xshagan bo‘ladi. Ey Egamizdan qo‘rqadiganlar, Shu tariqa baraka topasiz. Egamiz Quddusdan turib sizga baraka bersin, Umringiz bo‘yi Sionning gullab–yashnashini ko‘ring. Yashayvering siz, nevara–chevara ko‘ring, Isroil uzra tinchlik bo‘lsin! Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Isroil shunday deb aytsin: “Ular yoshligimdan menga ko‘p zulm o‘tkazib keldi. Ha, yoshligimdan menga zulm o‘tkazib kelgan, Ammo meni yenga olmaganlar. Go‘yo qo‘shchilar kiftimga qo‘sh solib, Jo‘yaklarini uzun qilganday bo‘ldi. Egamiz adolatparvardir, Fosiqlarning arqonini qirqib, meni ozod qildi.” Quddusdan nafratlanganlarning hammasi Sharmanda bo‘lib, ortiga qaytsin. Tom ustidagi o‘tlarga o‘xshasin ular, O‘smasdan oldin qurib qolsinlar. Bunday o‘tga o‘roqchilarning hovuchi to‘lmaydi, Bog‘lovchilarning quchog‘i to‘lmaydi. O‘tgan–ketganlar ularga: “ Egamiz sizlarga baraka bersin, Egamiz nomi bilan sizlarni duo qilamiz!” deb aytmasin. Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Ey Egam, tubsiz suvlardan Senga nola qilaman. Ey Rabbiy, mening ovozimni eshitgin! Iltijolarimga diqqat ila quloq solgin! Ey Egam, gunohlarni hisobga olsang agar, Ey Rabbiy, kim ham bardosh bera olar?! Ammo Sen kechirimlisan, Shu bois Sendan qo‘rqamiz. Egamga umid bog‘layman, Ha, jonim Unga talpinadi. Uning kalomiga umid bog‘layman. Tongni kutgan posbondan ham ko‘proq, Ha, tongni kutgan posbondan ham ko‘proq Mening jonim Rabbiyga talpinadi. Ey Isroil! Umid qilgin Egamizdan! Egamiz sodiq sevgisini ko‘rsatadi. Qutqarishga U doim tayyor! Isroilni barcha gunohlaridan Qutqaradigan Uning O‘zidir. Dovudning ziyorat qo‘shig‘i. [1] Ey Egam, yuragimda mag‘rurlik yo‘q, Ko‘zlarim aslo kiborlarcha boqmaydi. Menga g‘oyat hayratli bo‘lgan, buyuk ishlar bilan Men o‘zimni band qilmayman. Bola onasi bag‘rida tinchlanganday, Men ham yengil tortib, tinchlanganman. Ha, jonim tinchlangan. Ey Isroil! Hozir ham, abadulabad Egamizdan umid qilgin! Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Ey Egam, eslagin Dovudni, U tortgan barcha azob–uqubatlarni! Ey Egam, u Senga qasam ichgandi. Ey Yoqubning qudratli Xudosi, U Senga va’da bergandi: “Men aslo uyimga kirmayman, Yoki o‘rnimga yotmayman. [4-5] Ko‘zlarimga uyqu bermayman, Qovoqlarim yumilishiga yo‘l qo‘ymayman. Egamiz uchun bir joy topmagunimcha, Yoqubning qudratli Xudosi uchun Bir maskan bo‘lmaguncha hech dam olmayman.” *** Ahd sandig‘i Efratda, deb eshitgandik, Biz uni Yor dalalarida topib oldik. “Egamizning maskaniga boraylik, Uning poyiga sajda qilaylik”, dedik. Qani, kel, ey Egam, oromgohingga Qudrating ramzi bo‘lgan sandiq bilan birga. Ruhoniylaring solihlikni kiysinlar, Taqvodorlaring shodlikdan kuylasinlar! O‘z quling Dovudning haqi–hurmati, Tanlagan shohingni rad qilmagin. Ey Egam, Sen Dovudga ont ichgan eding, Sen shu ontingdan aslo qaytmay deysan: “O‘zingdan bino bo‘lgan o‘g‘illaringdan Birini sening taxtingga o‘tqazaman. Agar o‘g‘illaring Mening ahdimga rioya qilsa, Ularga o‘rgatgan amrlarimga itoat etsa, Ularning o‘g‘illari ham Shoh bo‘lib to abad sening taxtingda o‘tiradi.” Ey Egam, Sen Quddusni tanlagansan, U yerni O‘zingga maskan qilishni istagansan. Sen shunday deding: “Men to abad yashaydigan joy shu joydir, Bu yerda istiqomat qilishni istaganman. Uning ozuqalariga mo‘l qilib baraka beraman, U yerdagi faqirlarni to‘ydiraman. Ruhoniylarni najotga burkayman, Taqvodorlari shodlikdan kuylaydilar! Dovudning naslini bu yerda ko‘kartiraman, O‘zim tanlagan shohning chirog‘ini o‘chirmayman. Uning g‘animlarini sharmandalikka o‘rayman, Shohning boshidagi toji esa porlab turaveradi.” Dovudning ziyorat qo‘shig‘i. [1] Naqadar yaxshidir, yoqimlidir Birodarlar birga ahil yashasalar. Ahillik Horunning boshiga surtilib, Soqoligacha oqib tushgan qimmatbaho moydaydir, Kiyimlari yoqasidan oqib tushgan moy kabidir. Sion tog‘lariga keladigan baraka Xermon tog‘idagi mo‘l shabnamga o‘xshaydi. Siondan Egamiz O‘z barakasini va abadiy hayotni beradi. Ziyorat qo‘shig‘i. [1] Ey sizlar — Egamizning qullari, Egamizning uyida kechasi xizmat qiladiganlar, Egamizni olqishlang! Muqaddas maskan tomon Qo‘llaringizni ko‘tarib, Egamizni olqishlang! Osmonu yerni yaratgan Egamiz Quddusdan turib, sizga baraka bersin. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizning nomiga madhiyalar bo‘lsin! Hamdu sano ayting, ey Egamizning qullari, Ey Egamizning uyida xizmat qiladiganlar, Ey Egamiz uyining hovlisida xizmat qiladiganlar! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin, U yaxshidir! Tarannum eting Uni, bu yoqimlidir. Egamiz O‘zi uchun Yoqub naslini tanladi. Ha, O‘zimning xazinam, deb Isroil xalqini tanladi. Ha, bilaman, Egamiz ulug‘dir, Rabbimiz barcha xudolardan yuksakdir. Osmonda ham, zaminda ham, Dengizlarda, jamiki tubsiz suvlarda Egamiz istaganini qiladi. U yerning to‘rt tomonidan bulutlarni olib keladi, Yomg‘ir bilan birga chaqmoq yuboradi, Omborlaridan shamol olib keladi. Egamiz Misrning to‘ng‘ichlarini, Inson hamda hayvonlarning birinchi tug‘ilganini urdi. Fir’avn va uning hamma a’yonlariga qarshi Misrning orasiga Egamiz alomatu mo‘jizalarni yubordi. U ko‘p ellar, xalqlarni qirgan, Qudratli shohlarni bo‘g‘izlagan. Amor xalqining shohi Sixo‘nni, Bashan shohi O‘gni, Hamda Kan’onning barcha shohlarini qirgan. Ularning yerini Isroil xalqiga mulk qilib berdi. Egamizning nomi to abad davom etar, Egamizning shuhrati nasllar osha davom etar. Egamiz O‘z xalqiga adolat qiladi, O‘z qullariga rahm–shafqat qiladi. Xalqlarning xudolari esa kumush, oltindan, Inson qo‘llarining mahsullaridir. Butlarning og‘izlari bor, so‘zlay olmaslar, Ko‘zlari bor, ko‘ra olmaslar. Quloqlari bor ularning, eshita olmas, Ular aslo nafas ololmas. Butlarni barpo qilganlar, butlarga ishonganlar Xuddi ularga o‘xshagan bo‘lib qolar. Ey Isroil xalqi, olqishlar ayting Egamizga! Ey Horun xonadoni, madhiyalar ayting Egamizga! Ey Levi xonadoni, olqishlar ayting Egamizga! Ey Egamizdan qo‘rqqanlar, madhiyalar ayting Unga! Quddusda istiqomat qiladigan Egamizga Sionda olqishlar ayting! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Shukrona ayting Egamizga, U yaxshidir! Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting xudolarning Xudosiga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting egalarning Egasiga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Unga, Faqatgina U buyuk ajoyibotlar ko‘rsatadi. Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting donolik bilan samolarni yaratganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting suvlar uzra yerni barpo qilganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting ulkan yoritqichlarni yaratganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Kunduzi nur sochib tursin, deya Quyoshni yaratganga shukrona ayting. Uning sodiq sevgisi abadiydir. Tun uzra nur sochib tursin, deya Yulduzlaru oyni yaratganga shukrona ayting. Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Misrning to‘ng‘ichlarini urganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Misrdan Isroilni olib chiqqanga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting yo‘g‘on bilaklariyu Kuchli qo‘li ila Isroilni olib chiqqanga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Qizil dengizni ikkiga bo‘lganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Isroilni dengiz o‘rtasidan o‘tkazganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting fir’avn va uning lashkarini Qizil Dengizga uloqtirganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting O‘z xalqini sahro bo‘ylab olib o‘tganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting buyuk shohlarni halok qilganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting qudratli shohlarni qirganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Amor xalqining shohi Sixo‘nni o‘ldirganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Bashan shohi O‘gni o‘ldirganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting ularning yerini O‘z xalqiga mulk qilib berganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting u yerlarni O‘z quli Isroilga mulk qilib berganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting xor bo‘lganimizda bizni eslaganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting bizni dushmanlarimizdan qutqarganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting barcha jonzotlarni oziqlantiradiganga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Shukrona ayting Samoviy Xudoga, Uning sodiq sevgisi abadiydir. Bobildagi daryolar bo‘yida o‘tirardik, Yig‘lab, u yerlarda Quddusni eslardik. Liralarimizni o‘sha yerdagi tollarga Osib qo‘ygandik. Bizni u yerda asirga olganlar: “Qo‘shiq aytib beringlar”, derdilar, Bizga zulm qilganlar ko‘ngillarini chog‘ qilgani: “Bizga Quddus qo‘shiqlaridan kuylanglar”, derdilar. Qanday qilib begona yurtda Biz Egamizga qo‘shiq kuylay olardik?! Ey Quddus, agar seni unutsam, O‘ng qo‘lim qurib qolsin. Agar men seni eslamasam, Quddusni eng katta shodligim, deb bilmasam, Tilim tanglayimga yopishib qolsin. Ey Egam, Quddus qulagan kunda Edomliklar nima qilganini yodda tutgin. Axir, ular: “Qulating, yiqiting uni! Poydevorigacha qulatib tashlang!” deb baqirgan. Ey Bobil shahri! Qirg‘inga mahkum bo‘lgansan. Bizga ne qilgan bo‘lsang, o‘shani Boshingga soladiganlar baxtlidir. Sening go‘daklaringni ushlab, qoyaga urib, Tilka–pora qiladiganlar baxtlidir. Dovud sanosi. [1] Ey Egam, chin dildan Senga shukrona aytaman, Farishtalar oldida Sening madhingni kuylayman. Muqaddas Ma’bading oldida sajda qilaman, Sodiq sevging, sadoqating uchun O‘zingga shukrona aytaman, Nomingni ham, so‘zingni ham har narsadan yuqori qo‘ygansan. Chaqirganimda, menga javob bergansan, Qudrating bilan meni jasur qilgansan. Ey Egam, zamin shohlari Senga shukr aytadi, Og‘zingdan chiqqan so‘zlarni ular eshitganlar. Ey Egam, qilganlaringni ular kuylasinlar! Sening shuhrating buyukdir! Garchi Sen yuksak bo‘lsang–da, xor bo‘lganlarga boqasan, Kiborlarni Sen uzoqdan ham bilasan. Kulfatda yursam ham, dushmanlarim g‘azabidan saqlaysan, O‘ng qo‘lingni uzatib, meni qutqarasan. Ey Egam, men uchun qasos olasan. Sodiq sevging to abad davom etar, O‘zing yaratganlarni tark etmagin. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. [1] Ey Egam, meni O‘zing sinab ko‘rib, bilgansan, Qachon o‘tirib, qachon turishimni O‘zing bilasan, O‘y–xayollarimni uzoqdan turib anglab olasan, Yurishimni, yotishimni Sen tekshirasan, Barcha yo‘llarim Senga oyday ravshandir. Biron so‘z tilimga kelmasdan oldin, Ey Egam, Sen hammasini bilasan. Meni hamma tomondan o‘rab olgansan, Qo‘llaringni ustimga qo‘ygansan. Donoliging men uchun juda ajoyibdir, Shu qadar yuksakki, men anglay olmasman. Sening Ruhingdan qochib, qayerga ham bora olaman?! Sening huzuringdan qayerga ham qocha olaman?! Agar osmonga chiqsam, Sen o‘sha yerdasan! O‘liklar diyoriga tushsam ham, Sen o‘sha yerdasan! Saharning qanotlarini olib parvoz qilsam, Dengizning eng uzoq chetlariga o‘rnashsam, Hatto u yerda ham qo‘llaring meni yetaklar, O‘ng qo‘ling meni quvvatlar. Agarda: “Shubhasiz, meni zulmat qamrab oladi, Atrofimda kunduz tunga aylanadi”, deb aytsam, Hatto zulmat ham Sen uchun qorong‘i emas, Tun kunduz kabi nur sochar, Tunu kunduz Sen uchun birdir. Ichki a’zolarimni Sen yaratgansan, Onamning qornida menga shakl bergansan. Senga shukrona aytaman. Axir, qanday ajoyib qilib yaratilganman! Sening barcha ishlaring naqadar ajoyib, Buni men juda yaxshi bilaman. Men pinhon yaratilganimda, Yerning tubida mahorat ila to‘qilganimda, Suyaklarim Sendan yashirin emas edi. Ko‘zlaring ko‘rgandi homila ekanimni. Menga ajratilgan kunlar kelmasdan, Hammasi kitobingga yozilgandi. Sening niyatlaring, ey Xudo, menga qadrlidir, Niyatlaringning son–sanog‘i naqadar ko‘pdir. Qumdan ham ko‘p bo‘lardi agar ularni sanaganimda, Uyg‘onganimda qarasam, hamon men bilan ekansan birga. Ey Xudo, koshki fosiqni o‘ldirsang edi, Qonxo‘r mendan uzoqlashsa edi, Sen haqingda ular fitna qiladilar, Dushmanlaring Sening noming bilan yolg‘on qasam ichadilar. Ey Egam! Sendan nafratlanganlardan men nafratlanmaymanmi?! Senga qarshi isyon qilganlardan men jirkanmaymanmi?! Ulardan butunlay nafratlanaman, Ularni o‘zimning dushmanim, deb bilaman. Tekshirib ko‘r meni, ey Xudo, yuragimni bil, Sinab ko‘r meni, tashvishlarimni bil. Bilgin–chi, mening biron qabihligim bormikan? Meni abadiy yo‘ldan yetaklab borgin. Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Yomonlardan meni qutqar, ey Egam, Zo‘ravonlardan himoya qil meni. Ular yuraklarida qabihlikni qasd qiladi, Doimo urush–janjallarni qo‘zg‘aydi. Ular tillarini ilonday o‘tkir qiladi, Tillaridan ilon zahri tomadi. Ey Egam, meni qabihlarning qo‘lidan qutqar, Yiqitmoqchi bo‘lgan zo‘ravonlardan meni himoya qil. Takabburlar men uchun tuzoq qo‘yganlar, Ular to‘rlarining iplarini yoyganlar, Yo‘lim bo‘ylab menga qopqon qo‘yganlar. Ey Egam, Senga aytaman: “Sen Mening Xudoyimsan.” Quloq sol, ey Egam, Senga iltijo qilaman. Ey Egam Rabbiy, qudratli najotkorim! Jang kunida boshimni omon saqlading. Ey Egam, fosiqning istagini bajo qilmagin, Ularning qabih rejalariga omad bermagin, Ular mag‘rurlanib ketmasin. Atrofimni o‘rab olganlarning tahdidlari, O‘zlarining boshiga kelsin. Yonayotgan ko‘mir cho‘g‘i o‘zlariga yog‘ilsin, Ular olovga, iflos chuqurlarga uloqtirilsin, Aslo qaytib chiqmasin. Tuhmatchilarga yurtda aslo joy bo‘lmasin, ko‘karmasin, Falokat zolimning izidan tushib, uni yo‘q qilsin. Bilaman, ey Egam, mazlumni himoya qilasan, Bechoraholni adolat ila qo‘llab–quvvatlaysan. Solihlar albatta Senga shukrona aytadi, To‘g‘ri insonlar huzuringda istiqomat qiladi. Dovud sanosi. [1] Senga yolvoraman, ey Egam, yonimga tez kelgin, Senga yolvorganimda ovozimga quloq solgin. Ibodatimni tutatqi nazriday qabul qilgin, Qo‘llarimni ko‘targanimni kechki qurbonlik deb bilgin. Ey Egam, og‘zimga posbon qo‘ygin, Lablarim eshigini qo‘riqlagin. Yuragimni qabihlikka burmagin, Yomon ishlarga qo‘shilishimga yo‘l qo‘ymagin, Badkirdorlarning jamoasida Ziyofatlarini yeyishimga yo‘l qo‘ymagin. Mayli, solih odam meni uraversin, Sodiq odam meni to‘g‘rilasin, Boshim shunday a’lo moyni rad qilmasin. Mening ibodatim muttasil Badkirdorlarning qabih ishlariga qarshidir. Ularning hakamlari qoyadan uloqtiriladi, Shunda fosiqlar so‘zlarim haq ekanligini bilib olishadi. Badkirdorlar aytar: “Shudgor qilinib, parchalangan yerday, Suyaklarimiz qabr og‘zida maydalanib, sochilib yotibdi.” Ko‘zlarim Sendadir, ey Egam Rabbiy, Sendan panoh izlayman, Meni tashlab qo‘ymagin. Badkirdorlarning qopqonlaridan, Ular qo‘ygan tuzoqdan meni saqlagin. Men sog‘–omon o‘tib ketayin, Fosiqlar o‘zlari qo‘ygan to‘rga tushsin. G‘orda bo‘lgan paytda Dovudning aytgan qasidasi. Ibodat. [1] Ey Egam, Senga qattiq faryod qilaman, Ey Egam, Senga qattiq yolvoraman. Dardlarimni Senga to‘kib solaman, Qayg‘ularimni Sening oldingda aytaman. Ruhim so‘lg‘in bo‘lganda, Yo‘llarimni Sen bilasan. Men yuradigan so‘qmoqlarda G‘animlarim menga tuzoq qo‘yishgan. O‘ng tomonimga qarab ko‘r: Menga e’tibor beradigan biron kimsa yo‘q. Hech qayerga qochib keta olmayman, Men uchun hech kim qayg‘urmas. Senga yolvorib aytaman, ey Egam: “Sen mening panohimsan, Bu dunyodagi xavfsizligim Sensan.” Faryodimga quloq solgin, Axir, oyoq osti bo‘lib ketdim–ku. Meni ta’qib qiluvchilardan qutqar, Ular mendan g‘oyat kuchlidirlar. Meni tutqunlikdan chiqarib olgin, Toki Senga shukrona aytay. Menga ezgulik qilganing uchun Solihlar atrofimni o‘rab oladi. Dovud sanosi. [1] Eshitgin, ey Egam, ibodatlarimni, Sen sodiqsan, yolvorishlarimga quloq sol, Sen odilsan, javob ber. Men, O‘z qulingni hukm qilmagin, Huzuringda hech kim solih emas. Dushmanlar meni ta’qib qilgan, Mening tanamni tuproqqa qorgan, Azalda olamdan o‘tganlar kabi Meni zulmatda yashashga majbur qilar. Shu bois ichimda ruhim so‘lgan, Yuragim qo‘rquvdan uvishib qolgan. Men oldingi kunlarni eslayman, Sening hamma ishlaring haqida o‘ylayman, Qo‘llaring ijodini xayolimga keltiraman. Qo‘llarimni Senga ibodat uchun ochaman, Qaqragan yer kabi jonim Senga tashna. Ey Egam, menga tez javob ber, Ruhim tushib ketmoqda, Yuzlaringni mendan yashirmagin, Toki qabrga kirganlarday bo‘lib qolmay. Saharda sodiq sevgingni menga bildirgin, Umidimni Senga bog‘layman. Yuradigan yo‘limni O‘zing ko‘rsatgin, Yuragimni Senga ochaman. Ey Egam, meni g‘animlarimdan qutqar, Panoh istab Senga qochib borganman. Sening xohishingni qilmoqqa meni o‘rgat, Sen Xudoyimsan, Sening ezgu Ruhing Meni tekis so‘qmoqdan yetaklab borsin. Ey Egam, O‘z noming haqi meni saqlagin, Adolating bilan meni kulfatdan qutqargin. Sodiq sevging haqi qirgin g‘animlarimni, Yo‘q qilib tashlagin hamma dushmanlarimni, Axir, men Sening qulingman–ku. Dovud sanosi. [1] Egamga, suyangan qoyamga olqishlar bo‘lsin, U qo‘llarimni urushga, barmoqlarimni jangga o‘rgatgan. Egam mening suyangan qoyamdir, qal’amdir, U qo‘rg‘onim, xaloskorimdir. Ha, Egam mening qalqonim, Unda men panoh topaman, Xalqlarni U menga bo‘ysundiradi. Ey Egam, inson zoti kimdirki, unga e’tibor bersang! Bandalar kimdirki, ular haqda o‘ylasang! Inson umri og‘izdan chiqqan nafasga o‘xshar, Odamzodning hayoti o‘tkinchi soyaga o‘xshar. Ey Egam, ko‘klarni yorib, pastga tushgin, Tog‘larga tekkin, ulardan tutun chiqsin. Chaqmoq chaqtir, yovlarni tirqiratgin, O‘qlaringni ot, ularni sarosimaga solgin. Yuqoridan uzat qo‘lingni, meni qutqargin, Azim suvlardan meni chiqarib olgin, Begonalar qo‘lidan meni qutqargin. Ularning so‘zlari behuda, Qo‘lini ko‘tarib, ular yolg‘on qasam ichadi. Ey Xudo, Senga yangi qo‘shiq kuylayman, O‘n torli arfa chalib Seni tarannum etaman. Shohlarga Sen zafar ato etasan, Quling Dovudni shafqatsiz qilichdan qutqarasan. Kelgindilarning qo‘lidan Meni xalos qil, qutqargin. Ularning so‘zlari behuda, Qo‘lini ko‘tarib, ular yolg‘on qasam ichadi. O‘g‘illarimiz yoshligida yaxshi o‘sgan ko‘chatga o‘xshasin, Qizlarimiz saroyning o‘ymakor ustunlariga o‘xshasin. Omborlarimiz noz–ne’matlarga to‘lib–toshsin, Qo‘ylarimiz minglab, o‘n minglab yaylovlarda ko‘paysin. Ho‘kizimiz og‘ir yuklarni tortsin, Devorlarimiz darz ketmasin, Odamlarimiz surgun bo‘lmasin, Ko‘chalarimizda oh–voh, g‘amu kulfat bo‘lmasin. Naqadar baxtlidir bunday insonlar! Baxtlidir Xudoni Egamiz deb bilgan xalq! Dovudning hamdu sanosi. [1] Ey Xudoyim, Shohim! Seni ulug‘layman! To abad Sening nomingni olqishlayman! Har kun Seni olqishlayman, Senga to abad hamdu sano aytaman. Egamiz buyukdir, madh etilsin yanada, Aql yetmas Uning buyukligiga. Ey Egam, bir nasl boshqasiga maqtar ishlaringni, Ular e’lon qilar qudratli ishlaringni. Ular shonli dabdabangni, ulug‘vorligingni so‘ylaydilar, Men esa ajoyib mo‘jizalaring haqida o‘ylayman. Odamlar qo‘rqinchli ishlaring qudrati haqida aytadilar, Men esa buyukligingni e’lon qilgayman. Insonlar cheksiz ezguligingni xotirlab, gapiraveradilar. Adolatingni ular sevinch ila kuylaydilar. Egamiz inoyatli, rahmdildir, Jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir. Egamiz har kimsaga himmat qilar, Yaratganlarining har biriga shafqat aylar. Ey Egam, jamiki yaratganlaring Senga shukr aytar, Jamiki taqvodorlaring Senga olqishlar kuylar. Saltanating shuhratini ular hikoya qilar, Sening qudrating haqida ular so‘ylab yurar. Hammani qudratli ishlaringdan, Saltanating shuhratiyu dabdabasidan xabardor qilar. Sening saltanating abadiy shohlikdir, Hukmronliging nasllar osha davom etar. Yiqilayotganlarga Egamiz tayanch bo‘ladi, Ikki bukilganlarning qaddini rostlaydi. Ey Egam, hammaning ko‘zi umid bilan Senga tikilar, O‘z paytida ularning rizqini berasan. Sen qo‘lingni ochib, Jamiki jonzotning istagini qondirasan. Egamiz hamma yo‘llarida adolat qilar, Hamma ishlarida sevgisini ko‘rsatar. Egamiz O‘ziga yolvorganlarning yonidadir, Chin dildan yolvorganlarning yonidadir. O‘zidan qo‘rqqanlarning tilagini Egamiz qondirar, Ularning nolasini eshitib, ularga najot berar. Egamiz O‘zini sevguchilarni asraydi, Hamma fosiqlarni qirib tashlaydi. Egamizning hamdu sanosi doimo tilimda bo‘ladi, Jamiki jonzot Uning muqaddas nomini to abad olqishlaydi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamni madh qil, ey jonim! Tirik ekanman, Egamga hamdu sano aytaman, Umrim boricha Xudoyimga hamdu sano kuylayman. Umid bog‘lamang shahzodalarga, Najot berolmaydigan inson zotiga. Ular jon bergach, tuproqqa qaytar, O‘sha ondayoq ularning rejasi yo‘qqa chiqar. Yoqubning Xudosini madadkorim, deb aytganlar baxtlidir, O‘zlarining Egasi Xudodan umid qilganlar baxtlidir. Ha, Yoqubning Xudosi Osmonu yerni hamda dengizni yaratgan. Dengizu undagi hamma jonzotni U yaratgan, U to abad sodiq bo‘lib qoladi, Mazlumlarga adolat qiladi, Ochlarga U non beradi. Asirlarni ozod qiluvchi Egamizdir. Egamiz ko‘rning ko‘zlarini ochadi, Ikki bukilganlarning qaddini rostlaydi, Egamiz solihlarni sevadi. Egamiz musofirlarni asraydi, Yetim, bevalarni qo‘llaydi, Fosiqning yo‘llariga xalaqit beradi. Egamiz to abad hukmdordir, Ey Quddus, sening Xudoying nasllar osha hukmdordir! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Naqadar yaxshidir Xudoyimizni tarannum etmoq! Naqadar lazzatli, munosib Unga hamdu sano aytmoq! Egamiz Quddusni qaytadan quradi, Surgundagilarni Isroilga yig‘adi. Ezilgan ko‘ngillarga U shifo beradi, Ularning yaralariga malham qo‘yadi. Yulduzlarning sonini U aniqlab chiqadi, Ularning hammasiga nom beradi. Rabbimiz buyukdir, quvvati ko‘pdir, Uning donoligi cheksizdir. Egamiz mazlumlarni yuksaltiradi, Fosiqlarni esa yerga urib ezadi. Egamizga shukrona aytib tarannum qiling, Xudoyimizga atab lirada kuy chaling. U samolarni bulutlar ila qoplaydi, U yerni yomg‘ir bilan ta’minlaydi, Qir–adirlarda o‘t–o‘lan o‘stiradi. U hayvonlarning rizq–ro‘zini beradi, Qarg‘a bolalari qag‘illaganda ularga oziq beradi. U otlarning kuchidan zavq olmaydi, Sipohning kuchli oyoqlaridan xushlanmaydi. Egamiz O‘zidan qo‘rqqanlardan xushlanadi, Uning sodiq sevgisiga umid qilganlardan mamnun bo‘ladi. Egangni olqishlagin, ey Quddus! Xudoyingga hamdu sano ayt, ey Sion! Darvozalaring tambalarini U mustahkam qiladi, Ichingdagi bolalaringga U baraka beradi. Shohligingga U tinchlik ato qiladi, Bug‘doyning eng yaxshisi bilan to‘ydiradi. Xudo amrlarini yer yuziga yuboradi, Uning aytgan so‘zlari tez yoyiladi. U qorni momiq kabi yoyadi, Qirovni kul kabi sochadi. Do‘lni ushoq kabi yog‘diradi, Uning sovug‘i oldida kim bardosh bera oladi?! Kalomini yuborib, Egamiz muzlarni eritadi, Shamolini esdirib, suvlar oqizadi. Yoqub nasliga so‘zini ayon qiladi, Qonun–qoidalarini Isroilga bildiradi. Boshqa xalqlarga Egamiz shunday qilmadi, O‘sha xalqlar Uning qonunlarini bilmaydi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin samolardan, Unga hamdu sanolar bo‘lsin falaklardan! Ey Uning farishtalari, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey Uning samoviy lashkarlari, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Unga hamdu sanolar bo‘lsin, ey quyosh, ey oy, Hamdu sanolar bo‘lsin Unga, nurli yulduzlar! Hamdu sanolar bo‘lsin Unga, ey falaklar toqi, Ey samolar uzra joylashgan suvlar! Egamizga hamdu sano aytsin ular, Egamizning amri bilan yaratilgan ular. Egamiz bir farmon bilan ularni to abad joyiga o‘rnashtirdi, Bu farmon bekor qilinmaydi. Yer yuzidan Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey jamiki tubsiz suvlar, dengiz maxluqlari, Ey chaqmoq, qor, do‘l, bulutlar, Uning amriga bo‘ysunuvchi bo‘ronlar Egamizga hamdu sanolar ayting! Madhiyalar ayting Unga, ey tog‘lar, jamiki qirlar, Mevali daraxtlar, jamiki sadr daraxtlari! Hamdu sano ayting Unga, Ey yovvoyi hayvonlar, jamiki chorva, Sudralib yuruvchilaru uchar qushlar! Madhiyalar ayting Unga, Ey zamindagi shohlar, jamiki xalqlar, Shahzodalar, zamindagi hamma hukmdorlar! Unga hamdu sano ayting yigitlar, qizlar, Yoshu qari — hammangiz birga. Hammasi Egamizga hamdu sano aytsin, Faqatgina Uning nomi buyukdir, Shuhrati zaminu osmondan balanddir. Egamiz O‘z xalqini qudratli qildi. Taqvodorlari — qadrdoni Isroil xalqi Unga hamdu sano aytishlariga sabab berdi. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga yangi bir qo‘shiq ayting, Taqvodorlar jamoasiga hamdu sano ayting. Isroil o‘z Yaratuvchisi tufayli quvonsin, Quddus xalqi o‘z Shohidan shod bo‘lsin. Egamizga ular raqs ila hamdu sano aytsin, Doira, lira Unga atab kuy chalsin. Egamiz o‘z xalqidan xushnuddir, Mazlumlarga najotni toj qilib kiydiradi. Erishgan sharafi tufayli taqvodorlar shod bo‘lsin, To‘shaklarida yotganlarida shodlanib qo‘shiq aytsin. Og‘izlarida Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin, Qo‘llarida dudama qilichlar bo‘lsin, Toki yot xalqlardan qasos olsin, Elatlarga jazosini bersin, Ularning shohlarini zanjirband qilsin, Aslzodalariga temir kishanlar solsin. Ular ustidan Xudoning hukmini ijro etsin, Taqvodorlari uchun sharaf shudir. Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin Muqaddas maskanida, Unga hamdu sanolar bo‘lsin Samoda — mustahkam qal’asida. Qudratli ishlari uchun Unga hamdu sanolar bo‘lsin, Tengsiz buyukligi uchun madhiyalar bo‘lsin. Unga hamdu sano ayting burg‘u chalib, Unga hamdu sano ayting arfa, lira chalib. Doira chalib, raqs ila Unga hamdu sano ayting, Torli asbob, nay chalib, Unga madhiyalar ayting. Jarangdor zillar chalib, Unga hamdu sano ayting, Ohangdor zillarni qattiq chalib, Unga madhiyalar ayting. Egamizga hamdu sano ayting, Ey jamiki tirik jonzotlar! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymonning Hikmatlari. Bu hikmatlar donolik va nasihatni o‘rgatadi, hikmatli so‘zlarni tushuntiradi, Aqlli ko‘rsatmalarga, to‘g‘rilik, adolat, odillikka ega qiladi, Soddalarga idrok, yoshlarga bilim, fahmu farosat beradi. Donolar tinglab bilimini ko‘paytirsin, idrokli esa yo‘l–yo‘riq olsin. Bu hikmatlar — matallarni, jumboqlarni, dononing so‘zlarini va topishmoqlarini tushunish uchundir. Egamizdan qo‘rqish ilmu ma’rifatning boshidir. Donolik va nasihatdan nafratlangan esa nodondir. O‘g‘lim, otang nasihatlariga quloq sol, onang o‘gitlarini rad etma, Chunki ular boshingga go‘zal gulchambar, bo‘yningga marjondaydir. O‘g‘lim, agar gunohkorlar seni yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, bo‘yin berma. Agar ular: “Kel, bizga qo‘shil, pistirma qo‘yib qon to‘kaylik, aybsizning yo‘lini vajsiz to‘saylik, do‘zaxga o‘xshab uni tiriklayin o‘z qa’rimizga tortaylik, chuqur kabi butunlayin yutib yuboraylik, har xil boyliklarni tortib olib, uyimizni o‘lja bilan to‘ldiraylik, hamma narsa o‘rtada bo‘lsin, hamyonimiz bitta bo‘lsin”, — deb aytsalar, o‘g‘lim, ularning yo‘lidan yurma, bir qadam ham bosma. Chunki ular qon to‘kishga tayyordirlar, oyoqlari yovuzlikka shoshiladi. Qushlarning ko‘zi oldida to‘r qo‘yish foydasizdir. Yovuzlar o‘zlarining qoni to‘kilishini kutadilar, o‘zlarining jonlarini poylaydilar. Ochko‘zlik bilan tortib oladiganlarning ahvoli shu! Ular o‘z hayotiga zomin bo‘ladi. Donolik ko‘chada chaqiradi. Maydonda baland ovoz bilan hayqiradi. Gavjum ko‘chaning boshida, shahar darvozalarida jar soladi. “Ey, nodonlar, qachongacha nodon bo‘lib yuraverasiz?! Siz–chi, mazax qiluvchilar, qachongacha mazax qilishdan zavqlanasiz?! Aqlsizlar, qachongacha ilmu ma’rifatdan nafratlanasiz?! Pand–nasihatlarimga quloq solinglar. Mana, sizlarga ruhimni beraman. So‘zlarimni ochaman. Lekin sizlarni chaqirganimda rad etdingiz, qo‘llarimni uzatganimda, e’tibor bermadingiz. Maslahat, pand–nasihatlarimning hech birini qabul qilmadingiz. Shuning uchun boshingizga falokat kelganda, men ham kulaman. Vahimaga tushganingizda, mazax qilaman. Vahima bo‘ronday, falokat esa to‘fonday kelganda, kulfatu mashaqqatlar boshga tushganda, ular meni chaqiradilar, lekin javob bermayman. Ular meni qidiradilar, izlaydilar, lekin topolmaydilar. Chunki ular ilm–ma’rifatdan nafratlandilar, Egamizdan qo‘rqishni tanlamadilar. Maslahatlarimni, o‘gitlarimni qabul qilmadilar. Shuning uchun o‘z qilmishlarining mevasini yeb, pushaymon bo‘lib qoladilar. Nodonlar yo‘ldan adashib o‘zini o‘ldiradi, aqlsizlarning beg‘amligi esa o‘zlarini halok qiladi. Lekin menga quloq solganlar osoyishta hayot kechiradi, yomonlikning vahimasidan xalos bo‘ladi.” O‘g‘lim, nasihatlarimni qabul qilib, amrlarimni yuragingda saqlasang, Donolikka quloq solib, qalbingni fahm–idrokka ochsang, Farosatga tashna, idrokka chanqoq bo‘lsang, Uni kumush izlaganday izlasang, yashirin xazina qidirganday qidirsang, Egamizdan qo‘rqish nimaligini tushunasan, Xudo kimligini bilasan. Chunki donolikni Egamiz beradi, bilim va idrok Uning og‘zidan chiqadi. U to‘g‘ri odam uchun najot saqlaydi, to‘g‘ri yuradiganga O‘zi qalqon bo‘ladi. Adolatli insonni himoya qiladi, Unga sodiq bo‘lganning yo‘lini qo‘riqlaydi. Shunda sen to‘g‘rilik, adolat, odillik, ya’ni to‘g‘ri yo‘l nima ekanligini tushunasan. Chunki yuragingga donolik kiradi, ruhing esa bilimdan zavqlanadi. Fahm–farosat seni himoya qiladi, aql–idrok esa qo‘riqlaydi. Yomon yo‘ldan, yovuz gapiradiganlardan asraydi. Ular to‘g‘ri yo‘lni tashlab, qorong‘ilikda yuradi. Yomon ishlardan xursand bo‘ladi, yovuzlikdan quvonadi. Ular yo‘ldan adashgan, so‘qmoqlari esa egridir. Seni zinokordan, tilyog‘lama buzuq ayoldan saqlasin. U yoshligidagi umr yo‘ldoshini tashlab, Xudo oldida bergan ahdini buzgan. Uning uyi o‘limga, yo‘llari esa o‘liklarning oldiga olib boradi. Uning oldiga borgan qaytib kelmaydi, hayot so‘qmoqlariga yetmaydi. Shuning uchun yaxshi odamlarning yo‘lidan yurgin, solihlarning yo‘lidan chiqmagin. Chunki to‘g‘ri odam o‘sha yerda yashaydi, pok odam u yerda qoladi. Fosiq esa yerdan qirib tashlanadi, vafosiz yo‘q qilinadi. O‘g‘lim, so‘zlarimni unutma, amrlarimni yuragingda saqla. Ular umringga umr qo‘shadi, hayoting tinch bo‘ladi. Abadiy sevgini aslo tark etma. Bo‘yningga marjon qilib taqib ol, yuraging qa’riga yozib qo‘y. Shunda Xudoning ham, odamlarning ham mehrini qozonasan, Ulardan izzat–hurmat topasan. O‘z aql–idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon. Har ishingda Egamizni e’tirof et, shunda U yo‘llaringni to‘g‘rilaydi. O‘zingni dono hisoblama. Egamizdan qo‘rq. Yomonlikdan yuz o‘girgin. Shunday qilsang jisming sog‘, joning esa omon bo‘ladi. O‘z boyliging, birinchi hosiling bilan Egamizni ulug‘la. Shunda omboring to‘lib–toshadi, yangi sharobing yetib ortadi. O‘g‘lim, Egamizning tarbiyasini rad qilmagin, Uning tanbehidan ruhing tushib ketmasin. Ota yaxshi ko‘rgan farzandini jazolagandek, Xudo ham sevganini jazolaydi. Donolikka erishgan, aql–idrok topgan qanday baxtlidir! Chunki uning nafi kumushdan, foydasi esa oltindan ham afzalroqdir. U javohirlardan ham azizdir, sen tilagan biror narsa Unga teng kelmaydi. Uning o‘ng qo‘lida uzoq umr, chap qo‘lida esa boylik va shon–shuhrat bor. Yo‘li — shodlik yo‘li, barcha so‘qmoqlari tinchdir. Donolik uni ushlab turganlar uchun hayot daraxti kabidir, Uni asraganlar esa baxtlidir. Egamiz donolik bilan yerni yaratdi, aql–idroki bilan osmonni o‘z o‘rniga joylashtirdi. Uning aqli bilan chuqurliklar bo‘lingan, bulutlardan shudring tushgan. O‘g‘lim, donolik va fahm–farosatni mahkam ushla, nazaringdan qochirmagin. O‘shanda ular joningga hayot baxsh etadi, bo‘yningga bezakday bo‘ladi. Yo‘lingda eson–omon yurasan, oyog‘ing esa qoqilmaydi. Bexavotir yotasan, uyqung shirin bo‘ladi. Bexosdan keladigan ofatdan qo‘rqma. Yovuz hujum qilganda ham qo‘rqma. Chunki Egamiz yoningda bo‘ladi, seni qoqilishdan asraydi. Yaxshilik qilish qo‘lingdan kelsa, muhtojlardan yordamingni ayama. O‘zingda bor bo‘lsa, qo‘shningga “kechroq kel”, “ertaga beraman”, deb aytma. Senga ishonib, yoningda tinchgina yashayotgan qo‘shningga qarshi yomon niyat qilma. Senga yomonlik qilmagan odam bilan sababsiz urishma. Zo‘ravonga hasad qilma, u qiladigan ishlarni qilma. Chunki Egamizga yovuzlar jirkanchdir, U to‘g‘ri odamga yaqin bo‘ladi. Fosiqning uyi Egamizning la’natiga, solihning uyi esa qut–barakaga to‘ladi. U mazax qiluvchilarni mazax qiladi, kamtarga esa inoyat qiladi. Donolar shon–shuhratga erishadilar, nodonlar esa sharmandalikka duchor bo‘ladilar. O‘g‘illarim, otangizning pand–nasihatlariga quloq solinglar, e’tibor berib farosatli bo‘linglar. Sizlarga yaxshi saboq beraman, so‘zlarimdan yuz o‘girmanglar. Men ota–onamning yolg‘iz, yosh o‘g‘li edim. Bolaligimda otam menga shunday derdi: “So‘zlarimni yuragingga jo qilib, amrlarimni bajargin, shunda yashaysan. Dono bo‘l, idrokli bo‘l, ularni unutma, so‘zlarimdan chiqma. Donolikdan yuz o‘girma, seni himoya qiladi, uni sevgin, seni asraydi. Donolikning boshi shudir, dono bo‘l, bor–yo‘g‘ingni berib bo‘lsa ham, idrok ol. Uni hurmat qil, seni ko‘kka ko‘taradi. Uni quchgin, seni shon–shuhratga erishtiradi. Boshingga iltifot gulchambari, shuhrat tojini kiydiradi.” O‘g‘lim, aytganlarimga quloq solib qabul qil, shunda umring uzoq bo‘ladi. Senga donolik yo‘llarini o‘rgatdim, to‘g‘ri yo‘ldan olib yurdim. Yurganingda to‘siqqa uchramaysan, yugurganingda qoqilmaysan. Yo‘l–yo‘riqlarimni qattiq ushla, qo‘yib yuborma, ularni qo‘riqla, chunki ular hayotingdir. Fosiqning so‘qmoqlariga oyoq bosma, yovuzlar yo‘lidan yurma. Hatto nazar solma, yonidan ham o‘tma, qayrilib uzoqdan yurgin. Chunki ular yomonlik qilmasdan uxlay olmaydi, birortasiga zarar keltirmaguncha uyqulari kelmaydi. Ular fosiqlik nonini yeydi, zo‘ravonlik sharobini ichadi. Solihning yo‘li tongga o‘xshaydi, tong kun chiqquncha yorishaveradi. Fosiqning yo‘li esa zulmat kabidir, nimaga qoqilib ketishini bilmaydi. O‘g‘lim, so‘zlarimni eshit, aytganlarimga quloq sol. Ularni ko‘z oldingdan qochirma, yuragingning qa’rida saqlagin. Chunki ularni topganlarga hayot, butun tani–joniga malham bo‘ladi. Bor kuching bilan qalbingni asra, chunki u hayot bulog‘idir. Og‘zingdan egrilikni, tillaringdan ayyorlikni olib tashla. Ko‘zlaring to‘g‘riga qarasin, nigohlaring oldingga qaratilgan bo‘lsin. To‘g‘ri yo‘lni tanlab yurgin, barcha so‘qmoqlaring mustahkam bo‘lsin. O‘ngga ham, chapga ham og‘ma, yovuzlikdan uzoqlash. O‘g‘lim, donoligimga e’tibor ber, aql–idrokimga quloq sol, toki fahm–farosating yo‘qolmasin, biliming saqlansin. Buzuq ayolning tilidan bol tomadi, so‘zlari — malhamday yumshoq, ammo oqibati zaharday achchiq, xanjarday o‘tkirdir. Oyoqlari o‘lim tomon yuradi, qadamlari o‘liklar diyoriga yetaklaydi. U hayotga olib boradigan yo‘lga e’tibor bermaydi, yo‘llari beqaror, o‘zi buni bilmaydi. O‘g‘lim, menga quloq sol, so‘zlarimdan chiqma. U ayoldan uzoqroq yur, uning eshigiga yaqinlashma. Bo‘lmasa o‘z obro‘ingni begonalarga, hayotingni esa yovuzlarga berasan. Boyligingdan begonalar bahramand bo‘ladi, mehnat bilan topgan mol–mulking o‘zgalarning uyida bo‘ladi. Umring oxirida, vujudingu tanangdan asar qolmagach, faryod qilasan. O‘shanda shunday deysan: “Men intizom va tanqiddan qanchalik nafratlanar edim–a, Na ustozlarimga, na nasihat berganlarga quloq solibman. Ana, oqibat jamoa ichida halokat qirg‘og‘iga kelib qoldim.” O‘z sardobangdagi, o‘z qudug‘ingdagi suvni ichaver. Buloqlaring tashqarida, irmoqlaring ko‘chada oqsinmi? Uni begonalar bilan baham ko‘rma, faqat o‘zingniki bo‘lsin. Bulog‘ing suvlari muborak bo‘lsin, ko‘z ochib ko‘rganing bilan quvongin. Jozibali ohu va go‘zal kiyik! Uning og‘ushi seni qoniqtirsin, doim uning sevgisi bilan qanoatlangin. Nega endi, o‘g‘lim, begona xotinni ko‘ngling qo‘msaydi? Nimaga begona ayolning og‘ushini quchasan? Insonning xatti–harakatlari Egamizning ko‘zi oldida, odamning barcha ishlarini kuzatib turadi. Fosiqning ishlari uning o‘zini ushlaydi, gunohlari esa zanjirga soladi. U intizomsizligidan o‘ladi, ahmoqligi tufayli yo‘ldan ozadi. O‘g‘lim, o‘zgaga kafillik qilib, begona bilan ahdlashgan bo‘lsang, O‘z tilingdan ilinib, so‘zlaring tuzoqqa yetaklagan bo‘lsa, o‘g‘lim, o‘zganing qo‘liga tushib qolibsan, o‘zingni qutqar, bor, tiz cho‘kib yolvor. Ko‘zlaringga na uyqu, na mizg‘ish ber. Ovchidan qochgan ohu kabi, bedanavoz qo‘lidan qochgan bedanaday o‘zingni qutqar. Ey, tanbal, chumolilarga bir qara, ularning xatti–harakatlarini ko‘rib dono bo‘l. Ularning na rahbari, na nazoratchisi, na hukmdori bor. Lekin ular yozda oziq to‘playdi, o‘rim paytida esa don–dun yig‘ishadi. Sen–chi, tanbal, qachongacha uxlaysan?! Qachon o‘rningdan turasan? “Biroz uxlay, bir mizg‘ib olay, yonboshlab birpas dam olay”, — deysan. Shuning uchun qashshoqlik yo‘lto‘sarday, muhtojlik esa qaroqchiday ustingga keladi. Ayyor va nopoklar buzuq so‘zlarni gapirib yuradilar. Ko‘z qisadilar, oyoq–qo‘llari bilan imo–ishora qiladilar. Yuraklarida doim yovuz niyat qilib, odamlar orasida janjal chiqaradilar. Shuning uchun to‘satdan ofatga uchraydilar, shifo topmay to‘satdan halok bo‘ladilar. Olti narsa Egamizga nafratli, yetti narsa jirkanchdir. Bular: manmanlik nigohi, yolg‘onchi til, begunoh qonni to‘kadigan qo‘llar, yomon niyatli yurak, yovuzlikka yuguradigan oyoqlar, yolg‘on gapiradigan soxta guvoh, aka–ukalar orasiga nifoq soluvchilardir. O‘g‘lim, otang nasihatlariga quloq sol, onang o‘gitlarini rad etma, ularni doim yuragingda saqla, bo‘yningga taqib ol. Yurganingda senga yo‘l ko‘rsatadi, uxlaganingda qo‘riqlaydi, uyg‘oqligingda senga gapiradi. Chunki amrlar — chiroq, tanbeh — hayot yo‘li, pand–nasihatlar esa nurdir. Ular seni boshqalarning xotinidan, zinokor ayolning shirin so‘zidan saqlaydi. Yuragingda uning go‘zalligini orzu qilmagin, ko‘zlariga mahliyo bo‘lma. Fohishaga bittagina non haqi yetarli, ammo zino qiluvchi butun hayotingni oladi. Kiyimlarni kuydirmasdan qo‘yinga cho‘g‘ solib bo‘ladimi?! Oyoqni kuydirmasdan cho‘g‘ ustida yurib bo‘ladimi?! O‘zganing xotini oldiga kirganning ahvoli ham shunday, begona ayolga tekkan jazosiz qolmaydi. Qorni ochligidan o‘zini to‘ydirish uchun o‘g‘irlik qilsa, odamlar undan nafratlanmaydi. Lekin qo‘lga tushib qolganda o‘g‘irlangan molining haqini yetti barobar qilib qaytarishi kerak. Zino qilgan aqlsizdir, o‘zini o‘zi nobud qiladi. U ko‘p kaltak yeb sharmanda bo‘ladi, bir umrga badnom bo‘ladi. Chunki rashk erni g‘azablantiradi, er qasos olganda shafqat qilmaydi. Har qanday hadyani rad etadi, qancha pora bersang olmaydi. O‘g‘lim, so‘zlarimni asra, amrlarimni dilingda saqla. Amrlarimni saqlab yasha, ta’limotimni ko‘z qorachig‘ingdek asra. Ularni barmog‘ingga bog‘la, yuraging qa’riga yozib qo‘y. Donolikni singlim, aql–idrokni esa qardoshim deb atagin. Ular seni zinokordan, tilyog‘lama buzuq ayoldan asraydi. Uyimning deraza panjarasi ortidan qaradim, sodda yoshlarning orasida, bir aqlsiz yigitni ko‘rib qoldim. Yigit ko‘chadan o‘tib, zinokor ayolning uyi tomon ketayotgan edi. Oqshom. Kech. Tun qorong‘i edi. Shunda fohishaga o‘xshab kiyingan, makkor niyatli ayol uni kutib olgani chiqdi. U shallaqi, o‘jar, hech qachon uyida turmaydi. Bir qarasang ko‘chada, bir qarasang maydonda, yana bir qarasang har xil burchakda turgan bo‘ladi. U yigitni quchoqlab, o‘pib, benomuslarcha shunday dedi: “Bugun qurbonlik keltirdim, va’dalarimni bajardim. Shuning uchun seni kutib olishga chiqdim, seni qidirib topdim. O‘rnimni Misrdan keltirilgan rangli mato bilan bezadim. Mirra, dolchin, xushbo‘y atirlar sepdim. Qani, yur, tongga qadar kuyov–kelinday rohat qilaylik, huzur–halovat qilaylik. Erim hozir uyda emas, uzoq safarga ketgan. Bir hamyon kumush tanga olib ketgan, oy to‘lmaguncha qaytib kelmaydi.” Ko‘p shirin so‘zlar va muloyim gaplar bilan u yigitni yo‘ldan urdi. Yigit o‘sha zahotiyoq, qushxonaga ketayotgan ho‘kizday, tuzoqqa oyoq qo‘yayotgan kiyikday uning orqasidan ergashdi. U tuzoqqa kirayotgan qushday, nayza jigariga tegmaguncha hayotini yo‘qotishini bilmaydi. O‘g‘illarim, menga quloq solib, so‘zlarimga e’tibor beringlar. Yuragingiz o‘sha ayolning yo‘liga burilmasin, uning so‘qmoqlarida adashmang. U ko‘plarni halok qildi, qurbonlari ham ko‘p. Uning uyi o‘liklar diyoriga yetaklovchi yo‘ldir, o‘limga olib boradi. Donolik chorlamaydimi?! Idrok ovozini baland qilib chaqirmaydimi?! Qir–adirlarda, yo‘l bo‘ylarida, chorrahalarda, shahar darvozalarida, eshiklar oldida turib jar soladi: “Ey, insonlar, sizlarni chaqiryapman, odamzodga gapirmoqdaman. Soddalar, fahm–farosatli bo‘ling, siz, nodonlar, esa idrokli. Quloq soling, men a’lo gaplarni gapiraman, rostini aytaman. Chunki tilim haqiqatni gapiradi, fosiqlikdan esa nafratlanadi. Hamma so‘zlarim to‘g‘ridir, ularda na egrilik, na buzuqlik bor. Farosatlilarga ravshan, bilim oladiganlarga esa to‘g‘ridir. Kumush o‘rniga nasihatlarimni, oltin o‘rniga esa ilm–ma’rifatni tanlang. Chunki donolik qo‘hinurdan a’loroqdir, hech qanday shodlik U bilan tenglasha olmaydi. Men, Donolik, aql–idrok bilan yashayman, bilim va fahm–farosat mendadir. Egamizdan qo‘rqish yomonlikdan nafratlanish demakdir. Men mag‘rurlik va manmanlikdan, yovuzlik va buzuq tildan nafratlanaman. Menda maslahat va haqiqat bor, Men idrokman, quvvatu kuch ham Mendadir. Shohlar men orqali hukm suradilar, hukmdorlar to‘g‘ri qonunlar chiqaradilar. Men orqali rahbarlar boshqaradilar, amaldor va barcha odil hakamlar hukm chiqaradilar. Kim Meni sevsa o‘shani sevaman, astoydil izlaganlar Meni topadilar. Boylik, shuhrat, bitmas–tuganmas xazina, farovonlik Mendadir. Mening hosilim toza oltindan ham, tanlangan kumushdan ham yaxshiroq. Men to‘g‘ri yo‘ldan, adolat so‘qmoqlaridan yuraman. Meni sevganlar boylikni meros qilib oladilar, ularning xazinasini to‘ldiraman. Egamiz ishini boshlamasidan oldin, O‘z ishlarining boshida Menga ega edi. Qadimdayoq, eng boshida, dunyo yaratilmasdan oldin, Men tayinlangan edim. Tubsiz dengizu, bepoyon ummon, yo birorta buloq ko‘z ochmay turib, Men dunyoga keltirilganman. Tog‘u tosh, qir–adir barpo bo‘lmasdan oldin Men tavallud topganman. U hali na yer, na dalalarni, na yerning tuprog‘ini yaratgan edi. Xudo osmonni yaratganda, bepoyon ummon uzra falakni barpo etganda, Men o‘sha yerda edim. Osmonga bulutlarni joylab, dengizlarni suv bilan to‘ldirgan chog‘da, U suv toshib ketmasin deb amr berganda, yerga asos solganda, Men uning yonida musavvir edim, qoshida kundan–kunga zavqlanib, doimo quvonardim. Dunyoda, Uning yerida odamzod bilan xursand bo‘lardim. O‘g‘illarim, menga quloq solinglar, yo‘limdan yurganlar baxtlidir. Pand–nasihatlarimni tinglab dono bo‘linglar, uni rad etmanglar. Har kun ostonamda kutib, eshigimni poylab, so‘zlarimga quloq soladigan baxtlidir. Chunki Meni topgan hayot topadi, Egamizning marhamatiga sazovor bo‘ladi. Ko‘zdan yo‘qotgan o‘ziga zarar yetkazadi, Mendan nafratlangan o‘limni sevadi.” Donolik uy qurdi, uyining yetti ustunini qo‘ydi. Qurbonlik keltirdi, sharob tayyorlab, dasturxon yozdi. Xizmatkorlarini shaharning eng baland joyiga yuborib, ular orqali: “Kim sodda bo‘lsa, bu yoqqa kelsin”, — deb chaqirdi, aqlsizlarga shunday dedi: “Kelinglar, taomimdan yenglar. Men tayyorlagan sharobdan ichinglar. G‘aflatdan voz kechinglar, shunda yashaysizlar, idrok yo‘lidan yuringlar.” Mazax qiluvchiga tanbeh bergan tahqirlanadi, fosiqning xatosini aytgan haqoratlanadi. Mazax qiluvchiga tanbeh berma, bo‘lmasa sendan nafratlanadi. Donoga tanbeh ber, shunda seni sevadi. Donoga o‘rgatsang, yanada donoroq bo‘ladi. Solihni o‘qitsang, bilimini ko‘paytiradi. Egamizdan qo‘rqish donolikning boshidir, Xudoni bilish idrokdir. Chunki Men tufayli umringga umr qo‘shiladi. Dono bo‘lsang o‘zingga foyda, mazax qilsang o‘zing jabr tortasan. Ahmoq ayol shallaqi va farosatsizdir, hech narsani bilmaydi. Uyining eshigi oldida, shaharning eng baland joyida o‘tirib, yo‘lida to‘g‘ri yurgan, yonidan o‘tib ketayotganlarni: “Kimki sodda bo‘lsa, bu yoqqa kelsin”, — deb chaqiradi, aqlsizlarga shunday deydi: “O‘g‘irlangan suv shirindir, berkitib yeyilgan non esa mazali.” Lekin u yerda arvohlar borligini, uning mehmonlari o‘liklar diyorining qa’rida ekanligini bilmaydilar. Sulaymonning hikmatlari. Dono farzand otaga shodlik keltiradi, nodon farzand esa onaga qayg‘u. Yovuzlik bilan topilgan boylikdan naf yo‘q, to‘g‘rilik esa o‘limdan qutqaradi. Egamiz solihning och qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, lekin fosiqning xohishini bajo qilmaydi. Dangasa qo‘llar qashshoqlik keltiradi, tirishqoq qo‘llar esa boylik. Yoz paytida hosil yiqqan — dono o‘g‘il, o‘rim payti uxlagan esa otasiga uyat keltiradi. Solihning boshida — baraka, fosiqning tili esa yovuzlik konidir. Solihning xotirasi muborak bo‘ladi, fosiqning nomi yoddan ko‘tariladi. Yuragida donolik bo‘lgan amrlarni qabul qiladi, ezma nodon esa halok bo‘ladi. To‘g‘ri yurgan xavf–xatarni bilmaydi, yo‘ldan qayrilgan esa jazo topadi. Ko‘z qisgan qayg‘uga sabab bo‘ladi, ezma nodon halok bo‘ladi. Solihning tili — hayot bulog‘i, fosiqning tili — yovuzlik koni. Nafrat janjal qo‘zg‘aydi, sevgi–muhabbat esa hamma gunohlarni berkitadi. Idroklining so‘zlarida — donolik, nodonning orqasida esa qamchi. Donolar bilimini orttiradi, nodonning tili esa halokat keltiradi. Boyning qal’asi — boyligi, kambag‘alning halokati esa kambag‘alligidadir. Solihning haqi — hayot, fosiqniki esa jazo. Nasihatga quloq solgan hayot yo‘lidadir, tanbehni tan olmagan yo‘ldan adashadi. Nafratini yashirgan — yolg‘onchi, g‘iybat tarqatuvchi esa ahmoqdir. Gap–so‘z ko‘p bo‘lsa, janjal hech qachon to‘xtamaydi, tilini tiygan esa donodir. Solihning tili oltin kabidir, fosiqning qalbi esa hech narsaga arzimaydi. Solihning tili ko‘plarni oziqlantiradi, nodon esa aqlsizligi tufayli halok bo‘ladi. Egamizning marhamati boylik keltiradi, U boylikka g‘am–tashvish qo‘shmaydi. Ahmoq yomonlik qilishdan, aqlli esa donolikdan zavqlanadi. Fosiq nimadan qo‘rqsa, o‘shanga duchor bo‘ladi, solih esa orzusiga yetishadi. Quyundan keyin fosiqlar yo‘q bo‘ladi, solihlar esa abadiy mustahkamdir. Dangasa unga ish buyurganlarga tishga qo‘yilgan sirka, ko‘zga kirgan tutun kabidir. Egamizdan qo‘rqish umrga umr qo‘shadi, fosiqning umri esa qisqaradi. Solihning orzusi quvonch keltiradi, fosiqning niyati esa puchga chiqadi. Egamizning yo‘li solihlar uchun qal’a, yomonlik qiladiganlar uchun esa halokatdir. Solih hech qachon o‘rnidan qo‘zg‘atilmaydi, fosiq esa o‘sha yerda yashamaydi. Solihning tili donolik keltiradi, yomon til esa kesib tashlanadi. Solihning tili marhamat keltiradi, fosiqning tili esa egrilik. Yolg‘on tarozi Egamiz uchun jirkanchdir, aniq tarozi toshlari esa Uning quvonchidir. Mag‘rurlik bilan sharmandalik keladi, donolik esa kamtarlar bilandir. To‘g‘rilarning sofdilligi yo‘l ko‘rsatsa, xoinlarning ikkiyuzlamachiligi halok qiladi. Qiyomat kunida boylik foyda bermaydi, solihlik esa o‘limdan saqlaydi. Pokdilning solihligi yo‘lini to‘g‘rilaydi, fosiq esa fosiqligi tufayli qoqiladi. To‘g‘rining solihligi najot beradi, sotqin esa yomon niyatlari tufayli tutiladi. Yovuz o‘lsa, orzu–umidlari ham o‘ladi, fosiqning ham xohish–tilaklari poymol bo‘ladi. Solih g‘am–g‘ussadan qutuladi, fosiq esa g‘amga duchor bo‘ladi. Imonsiz tili bilan qo‘shnisini halok qiladi, solih esa ilm–ma’rifati tufayli najot topadi. Solihning ishi yurishsa, el–yurt quvonadi, fosiq halok bo‘lsa, tantana bo‘ladi. To‘g‘ri odamlar tufayli shahar barakali bo‘ladi va yuksaladi, fosiqning tilidan esa el–yurt vayron bo‘ladi. Qo‘shnisini kamsitgan aqlsizdir, idrokli sukut saqlaydi. G‘iybatchi sirlarni ochadi, sodiq esa sir saqlaydi. Yo‘l–yo‘riq ko‘rsatuvchisi bo‘lmagan xalq halok bo‘ladi, maslahatchilar ko‘p bo‘lsa, g‘alaba keladi. Begonaga kafillik qilgan ko‘p jabr ko‘radi, kafil bo‘lishdan nafratlanadigan esa tinchgina yuradi. Mehribon xotin izzat–hurmat topadi, zo‘ravon esa boylik. Rahmdil o‘z joniga manfaat keltiradi, bag‘ritosh esa o‘ziga zarar yetkazadi. Solihlik tarqatadiganlar haqiqiy mukofot, fosiqlar esa yolg‘on mukofot oladilar. Solihlikni ko‘zlagan inson hayotga, yomonlikni ko‘zlagan esa o‘z o‘limiga erishadi. Egri yurak Egamizga jirkanch, poklarning ishlari esa Uning quvonchidir. Fosiq albatta jazosiz qolmaydi, solihning esa avlodlari ham najot topadilar. Chiroyli, ammo farosatsiz ayol, burniga tilla sirg‘a taqqan cho‘chqa misol. Solihning xohishi faqat ezgulik, fosiqning kutganlari esa qahr–g‘azabdir. Ba’zilarning qo‘li ochiq, ammo boyligi ko‘payaveradi. Ba’zilar lozim bo‘lganni berishga qizg‘ansa ham qashshoqlashaveradi. Saxiyning biri ikki bo‘ladi, boshqalarga yaxshilik qilganning o‘zi ham yaxshilik ko‘radi. G‘allasini qizg‘anganni xalq qarg‘aydi, sotganlarga esa baraka yog‘iladi. Ezgulikka intilgan iltifot topadi, yomonlik qidirganga esa yomonlik keladi. Boyligiga ishongan xonavayron bo‘ladi, solih esa barg kabi yashnaydi. O‘z oilasiga g‘am–tashvish keltiradigan meros olmaydi, nodon esa donoga qul bo‘ladi. Solihlarning mahsuli — hayot daraxti, oqilu donolar odamlarning yuragidan joy oladi. Dunyoda solih qancha taqdirlansa, fosiq bilan gunohkor undan ham ko‘proq jazolanadi. Nasihatni sevgan ilm–ma’rifatni sevadi, tanbehdan nafratlanadigan esa ahmoqdir. Yaxshi odam Egamizning marhamatiga sazovor bo‘ladi, niyati buzuqni esa U jazoga hukm etadi. Inson yovuzlik bilan kamol topmaydi, solih hech qachon o‘rnidan qo‘zg‘atilmaydi. Yaxshi xotin erining boshidagi tojidir, erini uyaltiradigan xotin boshga balodir. Solihning fikri–zikri — adolat, fosiqning maslahati esa yolg‘ondir. Fosiqning so‘zi qonga tashna, to‘g‘rining tili esa qutqaradi. Fosiq halokatga uchrab yo‘q bo‘ladi, solihning uyi esa mustahkam turadi. Insonni aql–idrokiga qarab ulug‘laydilar, egri odam esa nafratga duchor bo‘ladi. O‘zini katta tutib nonga zor bo‘lgandan, oddiy bo‘lib xizmatkor bo‘lish yaxshiroq. Solih hayvonga ham mehribonlik qiladi, fosiqning rahmdilligi ham zolimlikdir. Yerga ishlov bergan to‘yib non yeydi, bekor narsani ko‘zlagan esa aqlsizdir. Fosiq yovuzlik to‘riga ilintiray deydi, solihning ildizi yashnaydi. Fosiq tilining gunohi bilan tutiladi, solih esa g‘amdan forig‘ bo‘ladi. Odam so‘zlari tufayli yaxshi narsaga erishadi, mehnati uni taqdirlaydi. Nodon o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb o‘ylaydi, dono esa maslahatga quloq soladi. Nodon g‘azabini darhol bildiradi, aqli raso esa haqoratlanganini berkitadi. To‘g‘ri gapiradigan haqiqatni aytadi, soxta guvoh yolg‘on gapiradi. O‘ylamasdan aytilgan so‘z qilichday jarohatlaydi, dononing gaplari esa shifo beradi. Rostgo‘y lablar abadiydir, yolg‘on til esa bir lahzalikdir. Yomon niyat qiladiganning yuragida yolg‘on, tinchlik o‘rnatganda esa quvonch bor. Solihga hech qanday zarar tegmaydi, fosiq esa g‘am–g‘ussadan qutulmaydi. Yolg‘onchi til Egamizga jirkanch, to‘g‘rilik bilan ish qiladiganlar esa Uning sevinchidir. Aqlli bilimini ko‘z–ko‘z qilmaydi, nodon o‘z nodonligini oshkor qiladi. Tirishqoq hukm suradi, dangasa esa qul bo‘ladi. Yurakdagi qayg‘u–alam odamni ezadi, shirin so‘z esa yurakni shod etadi. Solih o‘zgalarga yo‘l ko‘rsatadi, fosiq esa yo‘ldan adashtiradi. Dangasa o‘ljasini pishirishga ham erinadi, g‘ayratli esa qimmatbaho boylikka ega bo‘ladi. Solihlikning yo‘lida hayot, bu yo‘lda o‘lim yo‘qdir. Aqlli farzand otasining nasihatlarini qabul qiladi, mazax qiluvchi esa tanbehga quloq solmaydi. Yaxshi odam so‘zlari bilan yaxshilikka erishadi, xoin esa zo‘ravonlikka. Tilini tiygan jonini asraydi, tiliga erk bergan esa halokatga uchraydi. Dangasaning ko‘ngli xohlaydi–yu, ammo hech narsaga erisha olmaydi, tirishqoq esa orzusiga yetishadi. Solih yolg‘ondan nafratlanadi, fosiq esa uyatli va sharmandali ishlar qiladi. Solihlik to‘g‘ri yuradiganni himoya qiladi, fosiqlik esa gunohkorni halok qiladi. Shunday odam bor, hech narsasi yo‘g‘–u, o‘zini boy ko‘rsatadi. Yana shunday odam bor, boyligi ko‘p–u, o‘zini qashshoq ko‘rsatadi. Jonning haqi — uning boyligi, kambag‘al esa do‘q–po‘pisadan qo‘rqmaydi. Solihlarning chirog‘i doim charog‘on, fosiqniki esa o‘chib qoladi. Mag‘rurlikdan faqat urush chiqadi, nasihatga quloq solgan odamda esa donolik bor. Hiyla bilan topilgan davlat yo‘qoladi, mehnat bilan topilgani esa ko‘payadi. Ro‘yobga chiqmagan umid yurakni ezadi, ushalgan orzu esa hayot daraxtidir. Pand–nasihatlardan nafratlangan o‘ziga halokat keltiradi, amrga quloq solgan esa taqdirlanadi. Dononing ta’limoti — hayot manbayi, odamni o‘lim tuzog‘idan xalos etadi. Idrokli inson marhamatga erishadi, xoinning yo‘li esa mashaqqatlidir. Zukko odam aql bilan ish qiladi, aqlsiz esa ahmoqligini ko‘rsatadi. Yomon xabarchi kulfat olib keladi, sodiq xabarchi esa yurakka shifo keltiradi. Nasihatga quloq solmaganlarga qashshoqlik va uyat, tanbehga quloq solganlarga esa hurmat–izzat. Amalga oshgan tilak jonga rohat beradi, nodon odam yomonlikdan ayrilishni rad etadi. Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, ahmoqqa yo‘ldosh bo‘lgan esa halok bo‘ladi. Baxtsizlik gunohkorning ketidan quvib yuradi, solihning mukofoti esa baxt–saodatdir. Yaxshi odam bolalarining bolalariga ham meros qoldiradi, fosiqning boyligi esa solihga nasib etadi. Kambag‘alning dalasida g‘alla mo‘l, lekin adolatsizlik tufayli vayron bo‘ladi. Kaltakni ayagan odam o‘g‘lini yomon ko‘radi, o‘g‘lini sevgan esa yoshlikdan tartib–intizomga o‘rgatadi. Solih qorni to‘yib ovqat yeydi, fosiq esa och qoladi. Dono xotin o‘z oilasini mustahkamlaydi, nodon xotin esa oilasini o‘zi buzadi. To‘g‘ri yo‘ldan yuradigan Egamizdan qo‘rqadi, egri yuradigan esa Uni rad etadi. Ahmoqning so‘zlari o‘ziga kaltak keltiradi, dononiki esa uni himoya qiladi. Ho‘kiz bo‘lmasa oxur toza, lekin ho‘kizning kuchi tufayli hosil ko‘p bo‘ladi. Sodiq guvoh yolg‘on gapirmaydi, soxta guvoh yolg‘on gapirishdan to‘xtamaydi. Mazax qiluvchi donolikni qidiradi, ammo topolmaydi, idrokliga esa bilim olish oson. Aqlsizdan uzoqlash, chunki undan ma’noli so‘z chiqmaydi. Ziyrakning donoligi o‘z yo‘lini bilishidadir, aqlsizning ahmoqligi esa uni yo‘ldan adashtiradi. Ahmoq ayb qurbonligi ustidan kuladi, to‘g‘ri odam esa Xudoning marhamatiga sazovor bo‘ladi. Yurak o‘z dardini o‘zi biladi, xursandligiga boshqalar kafillik berolmaydi. Fosiqlarning uyi xaroba bo‘ladi, to‘g‘rilarning chodiri esa gullab–yashnaydi. Shunday yo‘l borki, insonga to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi, ammo oxiri o‘limga olib boradi. Kulsa ham yurakda qayg‘u bor, xursandchilikning oxiri g‘amdir. Yuragi qing‘ir o‘z egriligidan, yaxshi odam esa to‘g‘riligidan mamnun. Sodda har bir so‘zga ishonaveradi, aqlli esa qadamini o‘ylab bosadi. Dono qo‘rqib yomonlikdan uzoqlashadi, nodon esa jahli tez va beparvo. Badjahl aqlsizlik qiladi, badniyat esa nafratga uchraydi. Soddalarning nasibasi — nodonlik, aqllilarning toji esa ilmu ma’rifatdir. Yomonlar yaxshilarning oldida, fosiqlar esa solihlarning darvozasida ta’zim qiladi. Kambag‘aldan qo‘shnilari ham nafratlanadi, boyning esa o‘rtoqlari ko‘p. Qo‘shnisini xor qilgan — gunohkor, muhtojga marhamat qilgan esa baxtlidir. Niyati buzuqlar yo‘ldan adashmaydimi?! Yaxshi niyatlilar abadiy sevgiga sazovor bo‘ladi. Har bir mehnatdan foyda bor, quruq gap esa kambag‘allik keltiradi. Oqillarning toji — donoligi, aqlsizning nodonligi esa ahmoqligidir. Rostgo‘y guvoh jonni qutqarsa, yolg‘onchi guvoh aldaydi. Egamizdan qo‘rqish — mustahkam qal’a, farzandlariga ham O‘zi panohdir. Egamizdan qo‘rqish hayot manbaidir, u o‘limdan qutqaradi. Xalqining ko‘pligi — shohning shuhrati, kamligi esa hokimning halokatidir. Sabr–toqatli odam aql–idroklidir, jahldorlik ahmoqlikni bildiradi. Xotirjam yurak tanaga hayot baxsh etadi, hasadgo‘ylik esa suyaklarni chiritadi. Kambag‘alga zulm qilgan ularni Yaratganni tahqirlagan, muhtojga yordam bergan esa Xudoni ulug‘lagan bo‘ladi. Fosiq o‘z qilmishlari tufayli halokatga uchraydi, solihga esa o‘limida ham panoh bor. Donolik oqilning qalbida yashaydi, nodonlar orasida ham o‘zini bildiradi. Solihlik xalqni yuksaltirsa, gunoh sharmanda qiladi. Donolik bilan ish qiladigan qul shohning marhamatiga sazovordir, sharmandali ish qiladigan esa uning g‘azabiga uchraydi. Yumshoq javob g‘azabni qaytaradi, qattiq so‘z esa jahl chiqaradi. Donolar tilidan ilm–hikmat yog‘ilsa, nodonlardan ahmoqlik chiqadi. Egamizning ko‘zlari hamma joyda, U yaxshiyu yomonni ko‘rib turadi. Shirin so‘z — hayot daraxti, buzuq til — jonning halokati. Ahmoq otasining nasihatini rad etadi, tanbehga quloq solgan esa idroklidir. Solihning uyida boylik ko‘p, fosiqning hosili esa tashvish keltiradi. Dononing tili bilim tarqatadi, ahmoqning qalbi esa unday emas. Fosiqning qurbonligi Egamizga jirkanchdir, to‘g‘rining ibodati esa Uning quvonchi. Fosiqning ishlari Egamizga jirkanchdir, solihlikka intilganni esa U sevadi. To‘g‘ri yo‘lni tashlab ketgan qattiq jazo oladi, tanbehdan nafratlangan esa o‘ladi. Hatto O‘lim va Halokat ham Egamiz nigohi ostida ekan, odamzodning qalbi Unga hech narsa emas. Masxara qiluvchi tanbeh berganlarni yoqtirmaydi, u donolar oldiga ham bormaydi. Yurak shod bo‘lsa, chehra ochiq, g‘amgin bo‘lsa, ruh tushkundir. Zakovatli yurak ilm qidiradi, aqlsizning og‘zi ahmoqlik izlaydi. Qiynalganlarga har kun tashvish, lekin yuragida shodlik bo‘lsa, doimo bayram. Ko‘p boylikka ega bo‘lib vahima bilan yashagandan ko‘ra, Egamizdan qo‘rqib ozgina boylik bilan yashash yaxshiroq. Go‘sht yeb nafrat bilan yashashdan, sabzavot yeb sevgi bilan yashagan afzalroq. Badjahl janjal chiqaradi, jahlni tiyadigan esa tinchlantiradi. Dangasaning yo‘li tikanli chetan devor kabi, to‘g‘rining so‘qmog‘i esa katta ravon yo‘ldir. Aqlli farzand otasini quvontiradi, aqlsiz esa onasini xor qiladi. Ahmoqlik vijdonsizga quvonchdir, aqlli esa to‘g‘ri yuradi. Maslahat bo‘lmagan joyda ish yurishmaydi, maslahatchi ko‘p bo‘lsa, muvaffaqiyatli bo‘ladi. Odam yaxshi javobi tufayli quvonadi, o‘z vaqtida aytilgan so‘z qanchalik yaxshi. Donoga tepadagi hayot so‘qmog‘i pastdagi o‘liklar diyoridan uzoqlashish uchundir. Egamiz takabburning uyini xonavayron qiladi, bevaning mol–mulkini saqlaydi. Fosiqning niyatlari Egamizga jirkanch, yoqimli so‘zlar esa pokdir. Ochko‘z o‘z uyiga tashvish keltiradi, poradan nafratlanadigan esa yashaydi. Solih o‘ylab javob beradi, fosiqning og‘zidan esa yomonlik chiqaveradi. Egamiz fosiqlardan uzoqda, lekin solihlarning ibodatini eshitadi. Ko‘zdagi nur ko‘ngilni xushnud etadi, xushxabar esa tan–jonga oziq beradi. Hayotbaxsh nasihatga quloq solgan donolarning orasida bo‘ladi. Nasihatni rad qilgan o‘z jonini xor qiladi, tanbehga quloq solgan esa idrokli bo‘ladi. Egamizdan qo‘rqish donolikni o‘rgatadi, kamtarlik izzatu ikromdan oldinda. Rejalar odamning yuragida, tildagi javob esa Egamizdan. Odamning qilmishlari uning nazarida to‘g‘ri, lekin Egamiz yurakning pokligini o‘lchaydi. Ishlaringni Egamizga topshir, shunda rejalaring mustahkam bo‘ladi. Hamma narsani Egamiz o‘z maqsadi bilan yaratdi, hatto fosiqlar ham kulfat kuni uchun yaralgan. Barcha takabburlar Egamizga jirkanch, ular jazosiz qolmaydilar. Abadiy sevgi tufayli gunoh kechiriladi, Egamizdan qo‘rqish yomonlikdan uzoqlashtiradi. Egamizga insonning yo‘llari ma’qul kelganda, dushmanlari bilan ham yarashtiradi. Adolatsiz kelgan ko‘p daromaddan, halol mehnat bilan topilgan ozginasi yaxshiroq. Odam yuragida niyat qiladi, Egamiz esa uning yo‘lini mustahkamlaydi. Xudoning so‘zlari shohning tilida, hukm qilganda xato qilmaydi. To‘g‘ri taroziyu pallalar Egamiznikidir, tarozi toshlarini ham Xudo yaratgan. Shohning yomonlik qilishi qabihlikdir, chunki uning taxti adolat tufayli mustahkam. To‘g‘ri so‘z shohning quvonchidir, u rostgo‘ylarni yaxshi ko‘radi. Shohning g‘azabi o‘lim darakchisidir, dono uni tinchlantiradi. Shoh yuzidagi tabassum hayotdan nishona, Uning marhamati esa yomg‘ir keltiradigan bulut kabidir. Dono bo‘lish — oltindan, idrok topish esa kumushdan ham yaxshiroqdir. To‘g‘rining yo‘li yomonlikdan uzoqlashtiradi, yo‘lini qo‘riqlagan esa o‘z jonini asraydi. Mag‘rurlikning ortidan halokat keladi, takabburlikdan so‘ng esa odam qoqiladi. Takabburlar bilan o‘lja bo‘lishgandan ko‘ra, kamtarin bo‘lib kambag‘allar orasida bo‘lish yaxshiroq. Gapga tushunadigan yaxshilik topadi, Egamizga umid bog‘lagan baxtli bo‘ladi. Qalbida donolik bo‘lgan farosatli deb ataladi, shirinsuxanlik aql–idrokni ko‘paytiradi. Idrok o‘zining sohibi uchun hayot bulog‘i, ahmoqlik esa ahmoqqa jazodir. Dononing yuragi tiliga idrok beradi, so‘zlarini ishonchli qiladi. Yoqimli so‘z asal kabidir, jonga rohat, suyaklarga malhamdir. Shunday yo‘l borki, insonga to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi, ammo oxiri o‘limga olib boradi. Mehnat qiladigan odam o‘zi uchun ishlaydi, chunki och qorni uni undaydi. Fosiq yomonlikni qo‘zg‘aydi, so‘zlari kuydiradigan olov kabidir. Makkor janjal chiqaradi, g‘iybatchi esa yaqin do‘stlarni ajratadi. Yovuz o‘zgani aldab, yomon yo‘lga boshlaydi. Ko‘zini qisgan — yomon niyatda, labini tishlagan esa yovuzlik qilgan. Oqargan sochlar — sharofat toji, solihlik yo‘lida yurgan unga erishadi. Jahlini tiygan — qudratlidan, o‘zini tuta biladigan esa shaharni yenggandan yaxshiroq. Qur’a tashlanadi, ammo barcha qaror Egamizdandir. Dasturxoni to‘la janjalli uydan, bir tishlam qattiq noni bor tinch xonadon yaxshiroq. Sharmandali ish qiladigan o‘g‘il ustidan farosatli qul hukmronlik qiladi, u aka–ukalar qatori merosga sherik bo‘ladi. Kumush, oltin olovda sinaladi, odamlarning qalbini esa Egamiz sinaydi. Fosiqlar yovuz odamlarning gapiga kiradi, yolg‘onchi esa g‘iybatga quloq soladi. Kambag‘alni mazax qilgan ularni Yaratganni tahqirlaydi, qiyinchilikda quvonadigan jazosiz qolmaydi. Nabiralar — keksalarning toju taxti, o‘g‘illarning shon–shuhrati otalaridir. Yaxshi so‘z nodonga yarashmagandek, yolg‘onchilik ulug‘sifat odamga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Pora egasining nazarida sehrli qimmatbaho tosh, go‘yo hamma yerda omad keltiradi. Gunohni berkitgan do‘stlikni saqlaydi, uni kavlashtirgan esa do‘stni uzoqlashtiradi. Donoga berilgan bitta tanbeh nodonning boshida singan yuzta kaltakdan ta’sirliroq. Fosiq faqat g‘alayon payida bo‘ladi, shuning uchun unga yovuz elchi yuboriladi. Tentakning ahmoqligiga yo‘liqqandan ko‘ra, bolalaridan ayrilgan ona ayiqqa duch kelgan yaxshiroq. Yaxshilikka yomonlik qilganning xonadonidan yomonlik arimaydi. Janjalning boshlanishi — suv urib ketishiday, chiqmay turib uni to‘xtat. Fosiqni oqlash, solihni ayblash — ikkovi ham Egamizga jirkanchdir. Bu nima?! Nodonning qo‘lida boylik bor, “Donolik sotib olay”, — deydi, lekin unda aql yo‘q. Do‘st har qachon sevish uchundir, aka–ukalar ham og‘ir kun uchun tug‘ilgan. Qo‘l tashlab birovga kafillik qiladigan aqlsizdir. Gunohni yaxshi ko‘rgan urush–janjalni sevar, o‘ziga bino qo‘ygan halokat qidirar. Makkor yurakli yaxshilikka erishmaydi, egri til esa kulfatga duchor bo‘ladi. Nodon farzandli bo‘lish qayg‘u keltiradi, ahmoqning otasi esa shodlik nimaligini bilmaydi. Shod yurak — shifobaxsh dori, g‘am–kulfat esa jonning egovidir. Fosiq qo‘ynidan pora olib adolat yo‘lini o‘zgartiradi. Fahm–farosatli inson donolikka qaraydi, nodonning ko‘zi esa dunyoning narigi chetida. Ahmoq farzand — otasiga qayg‘u, uni tuqqan onaga esa g‘amdir. Solihni jazolash, amaldorni odilligi uchun koyish yaxshi emas. Kam gapirgan — dono, og‘ir, vazmin esa idroklidir. Ahmoq ham indamay o‘tirsa dono, tilini tiygan esa farosatli hisoblanadi. Boshqalardan ajralgan o‘z istagini qondirishni xohlaydi, u butun donolikka qarshidir. Nodon aql–idrokni yoqtirmaydi, faqat o‘zini ko‘rsatadi. Fosiq bilan sharmandalik keladi, hurmatsizlik bilan esa uyat. Odamning so‘zlari chuqur suvga o‘xshaydi, donolik bulog‘i esa oshib–toshgan irmoqdir. Fosiqning tarafini olish, hukmda solihni ayblash yaxshi emas. Ahmoqning tili janjal chiqaradi, so‘zlari esa kaltak keltiradi. Ahmoqning tili o‘ziga halokat, so‘zlari joniga tuzoqdir. G‘iybatchining so‘zi shirin ovqat kabidir, odamning butun a’zoyi badaniga singib ketadi. Ishda dangasa bo‘lgan odam buzg‘unchiga og‘aynidir. Egamizning nomi mustahkam qal’adir, solih u yerga borib eson–omon bo‘ladi. Boyning boyligi qal’asidir, uning nazarida shaharning baland devori. Takabburlik halokatga olib boradi, kamtarinlik esa shon–shuhrat keltiradi. Oxirigacha tinglamay javob bergan ahmoqdir, u sharmanda bo‘ladi. Odamning ruhi kasallikka chiday oladi, lekin tushkun ruhga kim toqat qila oladi?! Aqllining qalbi bilim oladi, dono ilmu ma’rifatga intiladi. Sovg‘a egasiga hamma eshiklarni ochadi, katta odam oldiga olib boradi. Birinchi gapirgan odam boshqasi kelib, tekshirmaguncha, haq ko‘rinadi. Qur’a janjalni to‘xtatadi, kuchli raqiblarni ham ajratadi. Xafa bo‘lgan birodarga yaqinlashish kuchli shaharni olishdan ham qiyin, o‘rtadagi janjal qal’aning qulfiga o‘xshaydi. Odamning qorni og‘zining mahsuli, tilining samarasi bilan to‘yadi. O‘lim ham, hayot ham tilning hukmidadir, birisini sevgan mevasini yeydi. Xotin topgan baxt topib, Egamizning marhamatiga sazovor bo‘ladi. Kambag‘al iltijo bilan gapiradi, boy esa qo‘pol javob beradi. Shunday do‘st borki, u halokat keltiradi, do‘st borki, u tug‘ishgandan ham yaqinroqdir. To‘g‘ri yuradigan kambag‘al egri tilli ahmoqdan yaxshiroq. Bilimsiz istak yaxshi emas, shoshqaloqlar esa qoqiladi. Nodonning nodonligi hayotini buzadi–yu, Egamizdan jahli chiqadi. Boylik do‘stlar ustiga do‘st keltiradi, kambag‘al esa do‘stidan ham ayriladi. Soxta guvoh jazosiz qolmaydi, yolg‘on gapiruvchi esa qochib qutulmaydi. A’yonlarning marhamatini istaydigan ko‘p, sovg‘a beruvchiga esa hamma do‘stdir. Kambag‘aldan hamma aka–ukalari nafratlanadi, do‘stlari ham uzoqlashadi, qidirganda ularning izi ham yo‘q. Donolikka erishgan o‘z jonini sevadi, farosatli bo‘lgan esa yaxshilik topadi. Soxta guvoh jazosiz qolmaydi, yolg‘onchi halok bo‘ladi. Hashamatli yashash ahmoqqa yarashmaganidek, xo‘jayin ustidan hokimlik qilish qulga ham to‘g‘ri kelmaydi. Odamning aqli jahlini tiyadi, gunohni kechirish unga shuhrat keltiradi. Shohning g‘azabi sherning o‘kirishiga o‘xshaydi, muruvvati esa maysadagi shabnam kabidir. Nodon o‘g‘il otasiga tashvish, xotinning janjali esa beto‘xtov tomadigan tomchidaydir. Uy va boylik — otadan meros, farosatli xotin esa Egamizdandir. Dangasalik odamni uyquchi qiladi, yalqov esa och qoladi. Amrlarga amal qilgan o‘z jonini asraydi, o‘z hayotini xor qilgan esa o‘ladi. Kambag‘alga rahm qilish — Egamizga qarz berishday, U yaxshilikni qaytaradi. Umid bor ekan, farzandingni tarbiya qil, buzilib, nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘yma. Jahldor jazosini oladi, uni bir qutqarsang yana qutqarishingga to‘g‘ri keladi. Nasihatga quloq sol, pand–o‘gitni qabul qil, shunda umring bo‘yi oqil bo‘lasan. Insonning yuragida niyat ko‘p, lekin faqat Egamizning aytgani amalga oshadi. Insonning istagi — sadoqatli sevgi, kambag‘al yolg‘onchidan yaxshiroqdir. Egamizdan qo‘rqish hayotga eltadi, odam huzur–halovatda yashab tashvishga uchramaydi. Dangasa qo‘lini kosaga cho‘zadi–yu, og‘ziga olib kelishga erinadi. Mazax qiluvchini urish! Shunda sodda odamlarga aql kiradi. Farosatliga tanbeh bersang, bilimi oshadi. Otasiga zo‘ravonlik qilib, onasini haydagan o‘g‘il uyat va sharmandalik keltiradi. Ey, o‘g‘lim, agar nasihatga quloq tutmasang, ilm–ma’rifatdan yuz o‘girgan bo‘lasan. Makkor guvoh adolat ustidan kuladi, fosiqning og‘zi yovuzlikni o‘ziga oladi. Mazax qiluvchilarga hukm, nodonlarga esa kaltak tayyordir. Sharob — mazaxchi, aroq — janjalkash, ularga aldanganlar nodondir. Shohning g‘azabi — sherning o‘kirishiday, jahlini chiqargan jonini yo‘qotadi. Janjaldan o‘zini tortish — insonning hurmati, ahmoq esa janjalga aralashadi. Dangasa kuzda yer haydamaydi, o‘rim payti esa qidirib hech narsa topolmaydi. Insonning fikrlari — chuqur suv kabidir, fahmli odam tashqariga chiqara oladi. Ko‘pchilik o‘zini sodiq deb aytadi, haqiqatan ham sadoqatli bo‘lganni topib ko‘r–chi! Solih halol yashaydi, uning bolalari naqadar baxtlidir! Hukmronlik qilayotgan shoh o‘z ko‘zi bilan barcha yomonliklarni ajratadi. “Qalbimni tozaladim, gunohimdan xoliman”, deb kim ayta oladi?! Ikki turli tarozi toshi va noto‘g‘ri o‘lchov — ikkovi ham Egamizga jirkanchdir. Hatto yosh bolani ham xulqidan, to‘g‘ri yo pokligini ishlaridan bilsa bo‘ladi. Eshitadigan quloq, ko‘radigan ko‘z — ikkovini ham Egamiz yaratgan. Uyquni yaxshi ko‘rma, bo‘lmasa kambag‘al bo‘lasan, ko‘zlaringni och, qorning to‘yadi. Xaridor: “Yaxshi emas, yaxshi emas!” — deydi–yu, nariroqqa borib maqtanadi. Oltin bor, yoqut toshlar ham ko‘p, biroq eng qimmatbaho narsa — bilimli til. Begonaga kafillik qilganning kiyimini yechib ol, chet ellikdan esa garov ol. Nohaqlik bilan topilgan non shirin, ammo keyin og‘iz tuproq bilan to‘ladi. Maslahat bilan reja tuz, aqlli yo‘l–yo‘riq bilan urush olib bor. Chaqimchi sirlarni ochadi, og‘zi bo‘sh odam bilan aloqada bo‘lma. Kim ota–onasini la’natlasa, uning chirog‘i zulmatda o‘chib qoladi. Boshida shoshilib olingan meros oxirida barakali bo‘lmaydi. Yovuzlik uchun qasos olaman demagin, Egamizga umid bog‘lab kutgin, U seni qutqaradi. Ikki xil tarozi toshi Egamizga jirkanchdir, yolg‘on tarozi ham yaxshi emas. Insonning qadami — Egamizdan, shunday ekan, u o‘z yo‘lini qanday tushunsin?! O‘ylamasdan Xudoga va’da bergan kishi, ahd qilgandan keyin ikkilangan odam tuzoqdadir. Dono shoh yovuzlarni ajratib, ularning ustidan tegirmon toshi yurgizadi. Odamning ruhi — Egamizning chirog‘i, vujudning barcha chuqurliklarini tekshirib turadi. Abadiy sevgi shohni asraydi, o‘sha inoyat tufayli uning taxti mustahkamdir. Yigitning g‘ururi quvvatida, oqargan sochlar esa keksaning shuhratidir. Qamchining jarohati yomonlikka davodir, kaltak zarbi vujudning eng chuqur joylarini tozalaydi. Shohning yuragi Egamizning qo‘lida, uni irmoqday xohlagan tomonga buradi. Odamning qilmishlari o‘zining nazarida to‘g‘ri, ammo Egamiz yuraklarni sinaydi. Adolatu haqiqatga amal qilish Egamizga qurbonlikdan afzalroqdir. Takabbur ko‘zlar va mag‘rur yurak chiroq kabi fosiqning gunohini ko‘rsatadi. Mehnatkashning rejasi faqat mo‘l–ko‘lchilik keltiradi, shoshqaloq kambag‘allikka uchraydi. Yolg‘on bilan boylik topadiganlar chiqib ketadigan bug‘ kabidir, o‘z o‘limini izlaydi. Yovuzning zo‘ravonligi boshiga yetadi, chunki adolat bilan ish qilishni rad etadi. Gunohkorning yo‘li — egri, sofdilning ishi — to‘g‘ri. Urishqoq xotin bilan keng uyda umr kechirgandan ko‘ra, chordoqda yashagan afzal. Yovuzning ko‘ngli yomonlikka tashna, qo‘shnisi undan rahm–shafqat topmaydi. Mazax qiluvchi jazolansa, sodda odamlar dono bo‘ladi, donoga yo‘l–yo‘riq berilsa, bilimi oshadi. Xudo odildir, fosiqning uyini U kuzatib turadi, u fosiqni halokatga mubtalo qiladi. Kambag‘alning yig‘isiga kim quloq solmasa, o‘zi yig‘laganda ham hech kim javob bermaydi. Yashirincha berilgan sovg‘a jahlni yumshatadi, yeng ichidagi pora esa qattiq g‘azabni. Adolatga amal qilish solihlarga sevinch, fosiqlarga esa qo‘rqinchdir. Aql–idrok yo‘lidan chiqqanlar o‘liklar orasidadir. Ziyofatni sevgan qashshoqlashadi, sharob bilan moyni yaxshi ko‘rgan odam boy bo‘lmaydi. Fosiq solihdan, xoin esa to‘g‘ri kishilardan ko‘ra, ko‘proq azob chekadi. Urishqoq va badjahl xotin bilan yashagandan ko‘ra, cho‘lu biyobonda yashash yaxshiroq. Dononing uyida yog‘ ham, eng yaxshi narsalar ham bor, aqlsiz esa uni sarflab yuboradi. To‘g‘rilik va inoyat payida bo‘lganlar uzoq umr, solihlik va shon–shuhratga erishadi. Dono eng qudratli shaharga borib, tayanch bo‘lgan qal’ani ham vayron qiladi. Og‘zini va tilini qo‘riqlagan o‘z jonini tashvishlardan asraydi. Takabbur va mag‘rurning nomi “mazaxchi”, hamma narsani manmanlik bilan qiladi. Dangasaning orzusi o‘limga olib keladi, chunki qo‘llari ishga bormaydi. Dangasaning kuni badnafslik bilan o‘tadi, solih esa ayamasdan beradi. Fosiqlarning qurbonligi jirkanchdir, yovuz niyat bilan keltirilgani esa undan ham battar. Soxta guvoh yo‘q bo‘ladi, haqiqatga quloq solgan esa qoladi. Fosiqning yuzi qattiq, to‘g‘ri odam esa o‘z yo‘lini biladi. Egamizga qarshi donolik ham, idrok ham, reja ham yo‘q. Ot jang kuni uchun tayyorlanadi, g‘alaba esa Egamizning qo‘lida. Yaxshi nom — eng katta boylikdan ortiq, marhamatga sazovor bo‘lish esa kumushu oltindan ham yaxshi. Boy bilan kambag‘alning bir o‘xshashligi bor, ikkovini ham Egamiz yaratgan. Es–hushli xavf–xatarni ko‘rib yashirinadi, sodda esa to‘xtamasdan boraveradi, shuning uchun qiynaladi. Kamtarlik va Egamizdan qo‘rqish boylik, hurmat va hayot keltiradi. Egrining yo‘lida tikanzor va tuzoqlar bor, o‘z jonini asragan undan uzoqlashadi. Bolani to‘g‘ri yo‘lga solib tarbiyala, shunda qariganda ham yo‘lidan adashmaydi. Boylar kambag‘allar ustidan hukmronlik qiladi, qarzdor esa qarz berganning qulidir. Fosiqlikni ekkan tashvish yig‘adi, jahl qamchisi esa sinadi. Saxiy baraka topadi, chunki o‘z nonini kambag‘allar bilan baham ko‘radi. Mazax qiluvchini oradan quv! Shunda g‘avg‘o ketadi, janjalu haqorat ham barham topadi. Pokdillikni sevib, xushmuomala bo‘lganga shoh do‘st bo‘ladi. Egamiz ilm–ma’rifatli insonni asraydi, U xoinning so‘zlarini puchga chiqaradi. Dangasa: “Tashqarida sher bor, ko‘chada meni o‘ldiradi”, — deydi. Buzuq ayolning og‘zi tubsiz chohdir, Egamizning g‘azabiga uchraganlar unga tushadi. Aqlsizlik bolaning diliga o‘rnashgan, tanbeh qamchisi uni ajratib yuboradi. Boy bo‘laman deb qashshoqni ezgan ham, boyga sovg‘a qilgan ham kambag‘allashadi. Donolarning so‘zlariga quloq tut, qalbingni bilimimga och. Chunki bu so‘zlarni qalbingda saqlasang, diling yashnaydi, ular doim tilingda tayyor bo‘lsin. Egamizga umid bog‘lagin deb bugun shularni o‘rgatyapman. Senga bilim va maslahat bilan o‘ttizta nasihat yozib bermaganmidim?! Bu haqiqat so‘zlarini o‘rganib, seni yuborganlarga aytib berishing uchun edi. Kambag‘aldan kambag‘alligi uchun o‘g‘irlama, baxtsizni darvoza oldida hukm qilganda qiynama. Chunki Egamiz himoya qilib, ulardan olganning jonini oladi. Urishqoq bilan do‘stlashma, badjahl bilan yurma. Bo‘lmasa sen ham ularning yo‘liga tushib qolasan, joningni tuzoqqa ilintirasan. Begona bilan qo‘l tashlashma, o‘zganing qarziga kafillik beradiganlarning birisi bo‘lma. To‘lash uchun hech narsang bo‘lmasa, nega tagingdagi to‘shagingni olib ketishi kerak?! Ota–bobolaring qo‘ygan qadimiy chegaralarni buzma. O‘z ishiga mohir ustani ko‘rganmisan? U oddiy odamlarga emas, shohga xizmat qiladi. Hokim bilan ovqatlanishga o‘tirganda, oldingga qo‘yilgan narsalarga nazar sol. Agar ishtahang katta bo‘lsa, bo‘g‘zingga pichoq qo‘y. Uning ne’matlarini ko‘ngling tusamasin, chunki u aldaydigan taomdir. Boy bo‘lay deb ko‘p harakat qilma, fahmu farosat bilan bu fikringdan voz kech. Boylik ko‘z ochib–yumguncha yo‘q bo‘ladi, qanot qoqib burgutday osmonga uchib ketadi. Xasisning ovqatidan yema, uning ne’matlarini ko‘ngling tusamasin. Chunki u ko‘nglida o‘zining foydasini hisoblaydi, “Yegin, ichgin”, — deydi–yu, ko‘ngli sen bilan emas. Yegan luqmangni qayt qilasan, shirin so‘zlaring havoga uchib ketadi. Ahmoqqa gap gapirma, hikmatli so‘zlaringni rad etadi. Qadimiy chegaralarni buzma, yetimlarning dalasini tortib olma. Chunki ularning Himoyachisi qudratli, U yetimlarning tarafini oladi. Yuragingni nasihatga, quloqlaringni esa idrok so‘zlariga och. Boladan tanbehni ayama, chunki tayoq bilan ursang o‘lmaydi. Tayoq bilan urib jazolasang, jonini do‘zaxdan saqlaysan. O‘g‘lim, qalbingda donolik bo‘lsa, yuragim quvonadi. Tilingdan to‘g‘ri so‘z chiqsa, ko‘nglim ham shodlanadi. Gunohkorlarga havas qilma, doim Egamizdan qo‘rqib yur. Chunki albatta kelajak bor, umiding ro‘yobga chiqadi. O‘g‘lim, tinglab dono bo‘l, yuragingni to‘g‘ri yo‘lga sol. Mayxo‘r va ochko‘zlik bilan go‘sht yeydiganlar orasida bo‘lma. Chunki mayxo‘r va ochko‘z qashshoq bo‘ladi, uyquchilik esa juldur kiyim kiydiradi. Seni dunyoga keltirgan otangga quloq sol, onang qariganda xor qilma. Haqiqatni sotib ol, donolik, yo‘l–yo‘riq, idrok ham ol, ularni sotma. Solih otasining boshini ko‘kka yetkazadi, dono farzand uni xursand qiladi. Ota–onang sendan xursand bo‘lsin, senga hayot bergan onang shod bo‘lsin. O‘g‘lim, menga qalbingni och, ko‘zlaring ishlarimni kuzatsin. Chunki buzuq xotin — tubsiz choh, zinokor xotin tor quduqdir. U qaroqchi kabi poylab turadi, odamlar orasida vafosizlikni orttiradi. Qayg‘u kimda, kim g‘am–tashvish tortadi, kim janjal qiladi, shikoyat qilgan kim? Kim sababsiz yaralanadi? Kimning ko‘zlari qip–qizil? Sharob ichishga berilganlar, xush hidli mayni totib ko‘rishga ko‘p borgan. Sharobning qizilligiga, qadahda cho‘g‘day tovlanishiga, tekis quyilishiga qarama. Oxirida u ilon kabi chaqadi, qora ilonday zahar sochadi. Ko‘zlaring g‘alati narsalarni ko‘radi, yuragingda egri fikrlar bo‘ladi. Dengiz o‘rtasida yotganday, kema ustunida uxlaganday bo‘lasan. “Meni urdilar, og‘rimadi, kaltakladilar, lekin bilmadim. Qachon uyg‘onaman?! Yana bir ichay”, — deysan. Fosiqlarga havas qilma, ular bilan birga bo‘lishga intilma. Chunki ular zo‘ravonlikni niyat qiladi, tillari esa yomonlikni gapiradi. Uy donolik bilan quriladi, idrok bilan mustahkam bo‘ladi. Xonalar esa bilim bilan turli qimmatbaho, qimmatli boylikka to‘ladi. Dono sipohlar kuchli sipohlardan, ilm–ma’rifatlilar esa kuchi borlardan qudratliroqdir. Yaxshi odam yo‘l–yo‘riq bilan urushga boradi, maslahatchilar ko‘pligi tufayli g‘alaba qiladi. Ahmoq donolikka yetishmaydi, hukmda og‘zini ocha olmaydi. Yomon niyat qiluvchining nomi shakkokdir. Ahmoqlik bilan tuzilgan reja gunohdir, mazaxchidan odamlar jirkanadi. Tashvishli kunda ojiz bo‘lganning kuchi kamdir. O‘limga mahkum bo‘lganlarni, dorga olib ketilayotganlarni qutqar. “Bilmayman”, — desang ham, yurakni sinaydigan Xudo ko‘rmaydimi, jonni asraydigan buni bilmaydimi? Hammaga ularning ishiga yarasha qaytarmaydimi? O‘g‘lim, asal yeb ko‘rgin, u yaxshi, asalari mumi og‘zingga shirindir. Donolik joningga asaldaydir, unga erishsang kelajagingni topasan, umiding ro‘yobga chiqadi. Ey, fosiq, solihning uyiga pistirma qurma, uy–joyiga tegma. Solih yetti marta yiqilsa ham turib ketaveradi, fosiq esa halokatga uchraydi. Dushmaning yiqilganda sevinma, qoqilgani uchun yuraging quvonmasin. Bo‘lmasa Egamiz buni ko‘rib yoqtirmay, g‘azabini undan o‘giradi. Fosiqlardan jahling chiqmasin, yomonlarga havas qilma. Chunki yomonlarning kelajagi yo‘q, fosiqlarning chirog‘i esa o‘chib qoladi. Ey, o‘g‘lim, Egamizdan ham, shohdan ham qo‘rq, ularga qarshi bosh ko‘tarma. Chunki ulardan kulfat kutilmaganda keladi, ikkovidan keladigan halokatni kim biladi?! Quyidagi so‘zlar ham donolardan. Hukmda tarafgarchilik qilish yaxshi emas. Fosiqqa “solihsan” deganni el la’natlaydi, xalqlar undan nafratlanadi. Unga tanbeh berganlardan xursand bo‘ladi, ular qut–baraka topadilar. To‘g‘ri javob beradiganlarni esa hamma sevadi. Tashqaridagi yumushingni bajar, daladagi barcha ishlaringni tartibga sol, keyin uyingni qurgin. Sababsiz o‘zgaga qarshi guvohlik berma, tiling bilan aldama. “Menga nima qilgan bo‘lsa, men ham shunday qilaman, qilmishiga yarasha qaytaraman”, — dema. Dangasaning dalasidan, nodonning uzumzori yonidan o‘tdim. Ana, hamma yoq tikanzor, hamma yerda qichitqi o‘t, tosh devor ham qulab, yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Qarab, o‘ylab ko‘rdim, uni ko‘rib saboq oldim. “Biroz uxlay, bir mizg‘ib olay, yonboshlab birpas dam olay”, — deydi. Shuning uchun qashshoqlik yo‘lto‘sarday, muhtojlik esa qaroqchiday ustiga keladi. Quyidagilar ham Sulaymonning hikmatlaridir. Bu hikmatlar Yahudo shohi Hizqiyoning odamlari tomonidan yozib olingan. Sirli qilish — Xudoning shuhrati, ishlarni tekshirib bilish esa shoh sharafidir. Osmon baland, dengiz chuqur, shohning yuragi ham shunday, uni tushunish qiyin. Kumushdan chiqindini olib tashla, o‘shanda yaxshi idish qoladi. Fosiqni shoh oldidan chiqarib tashla, shunda shohning taxti haqiqat bilan mustahkam bo‘ladi. Shohning oldida o‘zingni yuqori qo‘yma, ulug‘ odamlar turganda to‘riga chiqma. Chunki o‘zing ko‘rib turgan amirlar oldida birov seni poygakka tushirgandan ko‘ra, “To‘riga o‘ting” degani yaxshiroq. Shoshilib arz qilma, oxirida qo‘shnilarning oldida uyalib qolsang nima bo‘ladi? Qo‘shningning o‘zi bilan gaplash, sirni boshqalarga ochma. Bo‘lmasa, eshitganlar seni uyatga qo‘yadi, noming bir umrga yomon bo‘ladi. O‘z o‘rnida aytilgan so‘z tilla uzukka qo‘yilgan yoqut ko‘zdaydir. Dononing tanbehi tinglagan quloqqa tilla sirg‘a va oltin bezakdaydir. Sadoqatli xabarchi uni yuborganlarga o‘rim paytidagi qordaydir, xo‘jayinining qalbini sevintiradi. Qilmagan sovg‘asi bilan maqtanadigan odam yomg‘irsiz bulut va shamol kabidir. Sabr–toqat bilan gapirilsa amaldor ham ko‘nadi, muloyim so‘z esa toshni ham sindiradi. Asal topsang, yetarlicha yegin, ortiqchasi qayt qildiradi. Qo‘shningnikiga hadeb kiraverma, bo‘lmasa sendan bezib, yomon ko‘rib qoladi. O‘zgaga qarshi soxta guvohlik bergan odam bolta, qilich, o‘tkir o‘qqa o‘xshaydi. Tashvishli kunda vafosizga suyanish, singan tish va cho‘loq oyoqqa ishonish kabidir. G‘amgin odam oldida qo‘shiq aytish ayozda ust–boshini yechib tashlaganday, jarohatga sirka surtish kabidir. Dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber, chanqagan bo‘lsa, suv ichir. Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan, Egamiz esa seni taqdirlaydi. Shimoldan esadigan shamol jala, g‘iybat esa g‘azab keltiradi. Keng uyda urishqoq xotin bilan yashashdan ko‘ra, chordoqda yashagan yaxshiroq. Uzoq yurtdan kelgan xushxabar charchagan odamga sovuq suv kabidir. Fosiqqa bosh eggan solih loyqalangan buloq va buzilgan quduqdaydir. Ko‘p asal yeyish yaxshi emas, izzattalab bo‘lish ham hurmat keltirmaydi. O‘zini tuta olmaydigan odam devorsiz vayrona shahar kabidir. Aqlsizga izzat–hurmat ko‘rsatish yozda yoqqan qor, yig‘im–terim paytidagi yomg‘ir kabidir. Qushlar bekorga osmonga ko‘tarilmaganday, sababsiz la’nat ham odamga tegmaydi. Otga — qamchi, eshakka — suvluq, aqlsizning orqasiga esa — tayoq. Nodonga nodonligiga yarasha javob berma, bo‘lmasa sen ham unga o‘xshab qolasan. Nodonga nodonligiga yarasha javob ber, tag‘in o‘zicha dono bo‘lib ketmasin. Aqlsiz orqali xabar yuborgan odam oyog‘ini kesib tashlaganday azob chekadi. Ahmoqning og‘zidagi matal cho‘loq oyoqdaydir. Aqlsizga izzat–hurmat ko‘rsatish palaxmonga tosh bog‘lab qo‘yish kabidir. Nodonning tilidagi matal mastning qo‘lidagi tikandaydir. Ahmoqni va yo‘ldan o‘tgan har bir mastni yollagan odam to‘g‘ri kelganni otadiganga o‘xshaydi. O‘z qusug‘iga qaytib keladigan it kabi, nodon ham o‘z aqlsizligini takrorlaydi. O‘zini dono deb o‘ylaganni ko‘rganmisan? Undan ko‘ra, aqlsizdan umid ko‘proq. Dangasa: “Ko‘chada sher bor, u ochiq maydonda yuribdi”, — deydi. Eshik o‘z o‘qida aylanadi, tanbal esa o‘z o‘rnida. Dangasa qo‘lini kosaga cho‘zadi–yu, og‘ziga olib kelishga erinadi. Tanbal o‘z nazarida farosat bilan gapiradigan yetti kishidan ham donoroq. Boshqalarning janjaliga aralashgan daydi itning qulog‘idan cho‘zgandaydir. Telba o‘t, nayza va o‘lim yog‘diradi. Birovni aldab: “Faqat hazillashgan edim” degan ham shunday. O‘tin bo‘lmasa, o‘t o‘chib qoladi, chaqimchi bo‘lmasa, janjal to‘xtaydi. Ko‘mir — cho‘g‘ uchun, o‘tin — olov uchun, urishqoq esa janjal chiqarish uchundir. G‘iybatchining so‘zi — eng shirin ovqat, butun a’zoyi badanga singib ketadi. Shirin so‘zli yomon niyatli odam kumush suvi yuritilgan sopol idish kabidir. Dushman tilida boshqacha so‘zlaydi, dilida esa aldashni niyat qiladi. U yumshoq so‘zlaganda ishonma, chunki yuragi qabihlikka to‘la. Nafrat yolg‘on bilan yashirilgan bo‘lsa ham, yomonligi el–yurtga oshkor bo‘ladi. Birovga chuqur qaziganning o‘zi unga tushadi, tosh dumalatganga esa o‘sha tosh qaytadi. Yolg‘onchi til o‘zi yaralaganni yomon ko‘radi, xushomadgo‘y esa halokat keltiradi. Ertangi kun bilan maqtanma, uning nima olib kelishini bilmaysan–ku! Seni o‘zing emas, boshqalar, o‘z og‘zing emas, o‘zgalar maqtasin. Tosh ham, qum ham og‘ir, aqlsizning g‘azabi esa ikkovidan ham og‘irroq. Jahl — zolim, g‘azab bir toshqindir, rashk oldida kim bardosh bera oladi?! Oshkora tanbeh pinhona mehrdan yaxshiroq. Dushmanning shirin so‘zi emas, do‘stning kaltaklashi sadoqatni ko‘rsatadi. To‘q odam asalni ham oyoq osti qiladi, ochga esa achchiq narsa ham shirin. O‘z uyini tashlab ketgan odam inidan ayrilgan qushga o‘xshaydi. Xushbo‘y moy va muattar atir ko‘ngilni shod qiladi, do‘stning samimiy maslahati esa quvonch keltiradi. O‘z do‘stingni va otangning do‘stini tashlama, og‘ir kunda akangnikiga chopma, yaqin qo‘shni uzoqdagi akadan yaxshiroq. Ey, o‘g‘lim, dono bo‘l, qalbimni quvontir, shunda birov meni tanqid qilsa ham, javob qaytara olaman. Es–hushli odam xavf–xatarni ko‘rib yashirinadi, sodda esa to‘xtamasdan boraveradi, shuning uchun qiynaladi. Begonaga kafillik qilsang, kiyimini yechib ol, chet ellikdan esa garov ol. Tong–saharlab do‘stiga hamdu sano aytgan odam unga la’nat o‘qigan bo‘ladi. Janjalkash xotin yomg‘irli kunda to‘xtamay tomayotgan chakkaga o‘xshaydi. Uni boshqarish shamolni boshqarish yoki o‘ng qo‘l bilan moyni ushlash demakdir. Temir temirni o‘tkirlaydi, inson esa do‘stini. Anjirni parvarish qilgan odam uning mevasidan bahramand bo‘ladi, sohibiga yaxshi qaragan esa izzat–hurmatli bo‘ladi. Suv insonning yuzini aks ettirgani kabi, yuragi ham uning ko‘zgusidir. O‘lim va Halokat hech to‘ymaganiday, insonning ko‘zi ham aslo to‘ymaydi. Kumush, oltin olovda sinaladi, odam esa maqtovda. Ahmoqni keliga solib don bilan birga yanchsang ham, ahmoqligi undan ajralmaydi. Qo‘ylaringning ahvolini yaxshi bil, podalaringga yaxshi qara. Chunki boylik ham, toj ham abadiy emas. O‘tlar qurib, yangi ko‘katlar o‘sib chiqqanda, qir–adirdagi o‘t–o‘lanlar yig‘ib olinganda, qo‘zilar kiyim–kechagingni, echkilar esa dala bahosini qoplaydi. Echkilarning suti ko‘p, senga ham, uy ahlingga ham, hatto xizmatkorlaringga ham yetarli. Fosiqni hech kim quvmasa ham qochaveradi, solih esa sherday botir. Yurtda isyon bo‘lganda boshliq ko‘payadi, aql–idrokli tufayli esa tinchlik bo‘ladi. Ojizlarni ezadigan kambag‘al ovqat qoldirmaydigan seldaydir. Qonunni tan olmaydiganlar fosiqlarni maqtaydi, qonunga amal qiladiganlar esa ular bilan kurashadi. Fosiq adolatni tushunmaydi, Egamizga intilgan esa hamma narsani tushunadi. Kambag‘al bo‘lib to‘g‘ri yurish, boy bo‘lib egri yurgandan yaxshiroq. Dono farzand qonunga rioya qiladi, yaramasga ulfat bo‘lgan esa otasini sharmanda qiladi. Sudxo‘r va ochko‘z qashshoqlarga achinadiganga boylik yiqqan bo‘ladi. Qonundan yuz o‘girganning ibodati ham jirkanchlidir. To‘g‘ri odamni yomon yo‘lga boshlagan odam qazigan chuquriga o‘zi tushadi, pokdil esa yaxshilik topadi. Boy o‘zining nazarida dono, aqlli kambag‘al esa o‘zini tekshiradi. Solih martabaga erishganda katta bayram, fosiq lavozimga kelsa odamlar yashirinadi. O‘z gunohlarini yashirgan yutuqqa erishmaydi, ularni tan olib, voz kechgan marhamat topadi. Doim Xudodan qo‘rqqan baxtlidir! Bag‘ri tosh odam esa baloga uchraydi. Ojiz xalq ustidagi yovuz hukmdor irillayotgan sher va hujum qilayotgan ayiqdaydir. Aqlsiz hukmdor juda zolim, adolatsiz foydadan nafratlanadigan uzoq yashaydi. Agar birov odam o‘ldirgan bo‘lsa, o‘lguncha qochib yursin, unga hech kim yordam bermasin. To‘g‘ri yuradigan najot topadi, egri yo‘ldan yuradigan esa yiqiladi. O‘z yeriga ishlov berganning noni mo‘l bo‘ladi, orzu–xayollarga berilgan esa qashshoqlikka uchraydi. Sodiq barakali bo‘ladi, boyishga shoshilgan jazosiz qolmaydi. Tarafkashlik yaxshi emas, bir to‘g‘ram non deb odam vafosizlik qiladi. Xasis odam boylik orqasidan quvib, boshiga qashshoqlik kelishini bilmaydi. Tanqid qiladigan odam xushomadgo‘yga qaraganda ko‘proq marhamat topadi. Ota–onasining mulkini o‘g‘irlab, “Bu gunoh emas” degan odam buzg‘unchiga sherikdir. Ochko‘z janjal chiqaradi, Egamizga ishongan esa to‘q yashaydi. O‘zigagina ishongan ahmoqdir, aql bilan yuradigan esa najot topadi. Kambag‘alga bergan odam kam bo‘lmaydi, ko‘rib ko‘rmaslikka olgan esa ko‘p la’natga uchraydi. Fosiqlar martabaga erishsa odamlar yashirinadi, halokatga yo‘liqqanda esa solihlar ko‘payadi. Tanbeh olsa ham o‘jarligicha qoladigan odam birdaniga halokatga uchraydi, shifo topmaydi. Solihlar ko‘payganda xalq sevinadi, fosiq hukmron bo‘lganda esa fig‘on chekadi. Donolikni sevgan o‘g‘il otasini sevintiradi, fohisha bilan aloqada bo‘lgan mol–mulkini barbod qiladi. Shoh yurtni adolat bilan mustahkamlaydi, sovg‘ani sevadigan esa xarob qiladi. Do‘stiga xushomad qilgan odam o‘z oyoqlariga tuzoq qo‘yganday bo‘ladi. Fosiqning gunohi qopqon, solih esa qo‘shiq aytib quvonadi. Solih ojizning haq–huquqini biladi, fosiqda esa bunday tushuncha ham yo‘q. Mazax qiluvchilar shaharda to‘polon qiladi, donolar esa g‘azabni tinchlantiradi. Dono ahmoq bilan sudlashganda, ahmoq achchiqlansa ham, kulsa ham halovat nima bilmaydi. Qonxo‘r pokdil insondan nafratlanadi, to‘g‘rining jonini olmoqchi bo‘ladi. Nodon bor jahlini to‘kib soladi, dono esa ichida saqlaydi. Hukmdor yolg‘onga quloq solsa, barcha xizmatkorlari fosiq bo‘ladi. Zolim bilan ojizning bir o‘xshashligi bor: ikkoviga ham Egamiz ko‘z nuri bergan. Shoh kambag‘alni adolat bilan hukm qilsa, uning taxti abadiy mustahkam turadi. Qamchi bilan nasihat aql beradi, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bola esa onasiga uyat keltiradi. Fosiq ko‘payganda gunoh ham ko‘payadi, solih esa fosiqning halokatini ko‘radi. Farzandingga tarbiya ber: u senga orom beradi, qalbingni shodlikka to‘ldiradi. Vahiy bo‘lmasa el–yurt yo‘ldan ozadi, Xudoning qonuniga amal qilgan baxtlidir! Qul faqat so‘z bilan tarbiyalanmaydi, so‘zni tushunsa ham amal qilmaydi. Shoshilib gapiradiganni ko‘rganmisan? Undan ko‘ra, nodonda umid ko‘proq. Qulni yoshligidan erkalatib o‘stirsa, oqibatda xo‘jayiniga qayg‘u bo‘ladi. Serjahl odam janjal chiqaradi, serzarda esa ko‘p gunoh qiladi. Odamning mag‘rurligi uni past qiladi, kamtarin esa izzat–hurmat topadi. O‘g‘riga sherik bo‘lgan o‘z jonini yomon ko‘radi, u tanbeh eshitsa ham churq etmaydi. Odamdan qo‘rqish tuzoqqa ilintiradi, Egamizga umid bog‘lagan esa xavf–xatardan xoli bo‘ladi. Hukmdor marhamatini qidirgan ko‘p, lekin insonni hukm qiladigan Egamizdir. Fosiq solihga jirkanch, to‘g‘ri yuradigan esa fosiqqa jirkanchdir. Yoxining o‘g‘li Ag‘urning Ixtiyolga bergan, Itel va O‘xalga aytgan so‘zlari: “Rostdan ham odamlar orasida eng aqlsizi ekanman, insonning aql–idroki menda yo‘q. Na donolikni o‘rganibman, na Xudoni bilibman. Kim osmonga ko‘tarilgan, osmondan tushgan? Shamolni hovuchlariga yiqqan kim? Kim suvni o‘z kiyimiga o‘ragan? Yerning barcha chegaralarini o‘rnatgan kim? Uning ismi nima? O‘g‘lining ismi–chi? Bilasan–ku! Xudoning har bir so‘zi haqiqatdir, O‘zi esa Unga umid bog‘laganning qalqoni. Uning so‘zlariga qo‘shma, U jazolasa, yolg‘oning fosh etilsa nima qilasan? Sendan ikki narsani so‘rayman, o‘lmasimdan oldin qilgin. Soxtalik va yolg‘onni mendan uzoqlashtir, menga qashshoqlik ham, boylik ham emas, faqat nasibamni bergin. Qornim to‘yganda: “ Egam kim o‘zi?” deb aytmayin, kambag‘allikdan o‘g‘irlik qilib Uni badnom qilmayin. Qul seni la’natlamasligi uchun egasiga yomonlama, bo‘lmasa jazolanasan. Shunday nasl borki, otasiga la’nat o‘qiydi, onasini duo qilmaydi. Shunday nasl borki, o‘zining nazarida pok, lekin iflosligidan tozalanmagan. Shunday nasl bor, ko‘zlari qanchalik takabbur, qarashlari esa mag‘rur. Shunday nasl borki, tishlari — qilich, qoziq tishlari esa pichoq, yer yuzidan kambag‘alni, odamlar orasidan muhtojni yo‘qotadi. Zulukning ikki qizi bor: “Ber, ber!” — deb aytadi. Hech qachon qoniqmaydigan uch narsa, yetarli, demaydigan to‘rt narsa bor. Do‘zax, bepusht bachadon, suvsiragan tuproq hamda olov, yetarli, demaydi. Otani mazaxlaydigan, onaga bo‘ysunishni rad etadigan ko‘zlarni quzg‘unlar cho‘qiydi, kalxat bolalari yeydi. Meni hayron qoldiradigan uch narsa bor, to‘rt narsa borki, aqlimga sig‘maydi: Havodagi burgutning yo‘li, tosh ustidagi ilonning yo‘li, dengiz o‘rtasidagi kemaning yo‘li hamda qizga yuradigan erkaklarning yo‘li. Zinokor ayolning yo‘li ham shundaydir: u yeb bo‘lgach, og‘zini artib: “Hech bir egrilik qilmadim–ku!” — deydi. Yer uch narsadan larzaga keladi, to‘rt narsani ko‘tara olmaydi: Qul shohlik qilganda, ahmoq to‘yganda, Yomon ko‘rilgan ayol erga tekkanda, cho‘ri bekasining o‘rnini olganda. Yer yuzida to‘rtta kichkina narsa bor, lekin o‘ta dono: Chumolilar zaif, lekin yeguligini yozda tayyorlaydi. Bo‘rsiq kamquvvat, lekin inini qoyaga quradi. Chigirtkalarning sardori yo‘q, lekin barchasi hamjihat yurish qiladi. O‘rgimchakni qo‘l bilan ushlasa bo‘ladi, lekin saroyda ham yuradi. Yurishi salobatli uch narsa, qadami ulug‘vor to‘rt narsa bor: Sher hayvonlar ichida eng kuchlisi, hech nimadan qochmaydi. Maqtanib yuradigan xo‘roz, serka va g‘olib shoh. O‘zingni yuqori qo‘yib ahmoqlik yoki yomon niyat qilgan bo‘lsang, og‘zingni qo‘ling bilan yum. Chunki kuv pishsa yog‘ chiqadi, burunga ursa qonaydi, jahlni qo‘zg‘atsa janjal chiqadi.” Shoh Lemulning so‘zlari. Bu so‘zlarni unga onasi o‘rgatgan: “O‘g‘lim, nima desam ekan? Nima deyin, ey, jigarbandim? Xudodan tilab olgan o‘g‘lim, senga ne aytay? Quvvatingni xotinlarga berma, shohni buzadiganlarga hayotingni sarf qilma. Ey, Lemul, shohlar uchun emas sharob, may amaldorlar uchun emas! Ular ichib qonunni unutadi, ezilgan xalqning hukmida egrilik qiladi. Mayni halok bo‘layotganga, sharobni esa qayg‘u chekkanga bergin. Ular ichib kambag‘alligini unutsin, falokatlarini eslamasin. Og‘zingni gung uchun ochgin, boshiga kulfat tushganlarning tarafini olgin. Gapir, adolat bilan hukm qil, bechora va kambag‘allarni himoya qil.” Farosatli xotinni kim topa oladi? Uning bahosi gavhardan ham baland. Eri unga yurakdan ishonadi, hech narsaga muhtoj bo‘lmaydi. U eriga yomonlik emas, bir umr yaxshilik qiladi. Jun va surp topadi, xursand bo‘lib o‘z qo‘li bilan ishlaydi. Savdo kemalari kabi uzoqdan nonini keltiradi. Qorong‘uda o‘rnidan turib, uy ahlini ovqatlantiradi, xizmatkorlariga topshiriq beradi. O‘ylab dala sotib oladi, o‘z qo‘li bilan uzumzor yaratadi. Belini mahkam bog‘lab, qo‘llariga quvvat beradi. Qilgan ishining rohatini ko‘radi, tunlari ham chirog‘i o‘chmaydi. Qo‘lini charxga qo‘yadi, barmoqlari dukni tutadi. Kambag‘allarga qo‘lini uzatadi, muhtojlarga rahm qiladi. Uy ahli uchun qish–qirovdan qo‘rqmaydi, chunki ular hammasi qalin kiyintirilgan. O‘zi uchun so‘zana tikadi, libosi esa kimxob va shoyidandir. Eri yurt oqsoqollari orasida o‘tiradi, shahar darvozasida tanilgan. Yana shoyidan kiyim tikib sotadi, savdogarlarga belbog‘ yetkazib beradi. Libosi — quvvat, sharaf, u kelajakka qarab quvonadi. Donolik bilan so‘zlaydi, mehr bilan nasihat qiladi. Uy ahliga yaxshi qaraydi, dangasalik qilmaydi. Bolalari turib duo qiladi, eri ham maqtaydi. “Farosatli ayollar ko‘p, ammo sen hammasidan a’losan.” Joziba aldamchi, chiroy esa o‘tkinchidir, ammo Xudodan qo‘rqadigan ayol ko‘kka ko‘tariladi. Mehnatining mevasini ko‘rsin, ishlari darvozalarda uni sharaflasin. Quyidagilar Dovud o‘g‘li, Quddusda hukmronlik qilgan Voizning so‘zlaridir. “Behuda! Behuda! — deydi Voiz. — Hammasi behudadir!” Odam bu dunyoda qilgan mehnatidan Qanday foyda topar? Avlod kelib, avlod ketar, Bu dunyo esa shundayligicha qolaverar. Quyosh chiqib yana botar, Chiqqan joyiga qaytishga shoshar. Shamol janubga esar, Shimol tarafga yelar, Takror–takror aylanib, O‘z yo‘lidan yuraverar. Barcha daryolar dengizga oqar, Dengiz esa hech to‘lmas, Shunda ham o‘z makoni sari Oqaverar daryolar. Hamma narsa charchatar, holdan toydirar, Ularni tasvirlashga so‘zlar ham yetmas. Ko‘zlarimiz ko‘raverar, ammo to‘ymas, Quloqlarimiz eshitaverar, ammo qoniqmas. Oldin nima bo‘lgan bo‘lsa, yana sodir bo‘lgay, Nima qilingan bo‘lsa, yana qaytarilgay, Bu dunyoda hech qanday yangi narsa yo‘q. Biror narsa bormidiki, biz bu haqda: “Qaranglar, bu yangilik–ku!” — deb ayta olsak?! U oldindan bor edi, biz tavallud topmasdan oldin ham shu yerda edi. Qadimda bo‘lganlar esga olinmas, hatto bundan keyin bo‘ladiganlar ham kelajakda eslanmas. Men, Voiz — Isroil ustidan Quddusda shohman. O‘zimni donolik bilan izlanishga, mana shu dunyoda bo‘layotgan hamma ishlarni tushunishga bag‘ishladim. Xudo insonga bergan bu ish qanday qayg‘uli–a! Men bu dunyoda bo‘layotgan hamma narsani ko‘rdim, qaranglar, hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan. Egri narsani to‘g‘rilab bo‘lmas, Yo‘q narsani sanab bo‘lmas. O‘zimga shunday dedim: “Mana, men buyuk bo‘lib, donolikda mendan oldin Quddusda hukmronlik qilganlarning hammasidan o‘zib ketdim. Ko‘p donolik orttirdim, ilmu ma’rifatni yaxshilab o‘rgandim.” Donolik va ilm–ma’rifatning foydasi telbalik va ahmoqlikdan ustunligini anglab yetishga o‘zimni bag‘ishladim, ammo bu ham shamolning orqasidan quvishday ekanligini tushundim. Qayg‘u ham ortarkan, donolik qancha ko‘p bo‘lsa, Dard ko‘payar ekan gar bilim oshsa. Men, Voiz, o‘zimga: “Qani, rohatlanib, bir maza qilay–chi”, — dedim, lekin bu ham behuda ekan. “Kulgi telbalik ekan, rohat qanday foyda keltiradi?” — dedim. Donolik meni boshqarar ekan, ko‘nglimni sharob bilan chog‘ qilib ko‘ray–chi, deb ahmoqlikka o‘z bag‘rimni ochdim. Bu dunyoda odamlar o‘z qisqa hayotlari davomida qanday ish qilsalar ularga foyda kelishini bilmoqchi bo‘ldim. Buyuk ishlar qildim: o‘zimga uylar qurdim, uzumzorlar barpo qildim, polizlar va bog‘lar yaratdim, u yerlarga har xil mevali daraxtlar ekdim. O‘sayotgan daraxtlarni sug‘orish uchun hovuzlar qazdirdim. O‘zim uchun qullar va cho‘rilar sotib oldim, uyimda qul–cho‘rilar tug‘ilib, ularning soni ortib boraverdi. Podalarim shunchalik ko‘p ediki, Quddusda mendan oldin yashagan hech kimda bunchalik ko‘p mol–qo‘y bo‘lmagan. O‘zim uchun kumushu oltin, shohlarga loyiq ajoyib boyliklardan yig‘dim, juda ko‘p yerlarga ega bo‘ldim. Ayol va erkak qo‘shiqchilar menga xizmat qilishar edi, menga zavq keltiradigan haramim ham katta edi. Men buyuk bo‘lib, buyuklikda Quddusda mendan oldin yashaganlarning hammasidan o‘tdim. Donoligim menga pand bermadi. O‘zim xohlagan hamma narsani oldim, ko‘nglim istaganini qildim. Qilgan har bir ishimdan jonim rohatlandi, bu qilgan mehnatlarim evaziga kelgan mukofot edi. Ammo qarasam, o‘z qo‘llarim bilan qilgan ishlarim, qilgan hamma mehnatim — bularning hammasi behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan. Bu dunyoda birorta foydali narsa topilmasligini bildim. Shundan keyin yana donolik, telbalik va ahmoqlikni solishtirishga qaror qildim. Vorisim menikidan ham yaxshiroq xulosaga kela olarmidi?! Yorug‘lik qorong‘ilikdan yaxshiroq bo‘lganiday, donolik ham ahmoqlikdan yaxshiroqligini tushundim: Dononing ko‘zi bor, Nodon esa qorong‘ilikda yuradi. Ammo hammaning taqdiri bir ekanligini ham tushundim. O‘zimcha: “Nodonning boshiga tushgan narsa, mening ham boshimga tushar ekan. Shunday ekan, dono bo‘lishning nima foydasi bor?!” — deb o‘yladim. “Bu ham behuda!” — dedim. Donolar ham, nodonlar unutilgani kabi, unutiladi, kelajakda hamma birday unutiladi. Nima uchun donolar nodonlarday o‘lishi kerak?! Shuning uchun ham men hayotdan nafratlandim, chunki bu dunyoda qilingan har bir ish menga qayg‘u keltirdi. Hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishdaydir. Bu dunyoda mehnat qilib topgan hamma narsamdan nafratlandim, chunki hammasi baribir mendan keyin keladiganlarga qolishini bilardim. Ular dono bo‘ladimi yoki ahmoqmi, kim biladi? Men bu dunyoda mehnat qilib, donolik bilan topganlarimga baribir o‘shalar egalik qilishadi. Bu ham behudadir. Shunda bu dunyoda qilgan barcha mehnatim uchun yuragim achib, qayg‘ura boshladim. Axir, baribir donolik, bilim va mohirlik bilan topilgan narsalar mana shu narsalar uchun ishlamaganlarga qolar ekan. Bu ham behuda, qanday falokat! Bu dunyoda qilgan mehnati va tirishqoqligi uchun odam qanday foyda olarkan–a?! Axir, uning kunlari dardga to‘la bo‘lsa, qayg‘udan boshi chiqmasa, hattoki kechalari ham dam ololmasa. Eh, bu ham behuda! Odam uchun yeyish, ichish va qilgan mehnatidan rohatlanishdan yaxshiroq narsa yo‘q. Bu ham Xudodan ekanligini tushundim, axir, Xudosiz kim ovqat yeya oladi, kim rohat topadi?! Xudoga ma’qul bo‘lganlarga Xudoning O‘zi donolik, bilim va quvonch beradi. Gunohkorlarga esa boylik yig‘ish ishtiyoqini beradi–yu, ularning ishlab topganlarini olib, Xudo O‘ziga ma’qul bo‘lganlarga ato etadi. Gunohkorlarning bu ishlari ham behuda va shamolning orqasidan quvishdaydir. Bu dunyoda hamma narsaning o‘z tayinlangan payti bor, har bir ishning o‘z vaqti bor. Tug‘ilishning ham, o‘lishning ham o‘z vaqti bor. Ekishning ham, ekilganni o‘rishning ham o‘z vaqti bor. O‘ldirishning ham, shifo berishning ham o‘z vaqti bor. Buzishning ham, qurishning ham o‘z vaqti bor. Yig‘lashning ham, kulishning ham o‘z vaqti bor. Azaning ham, raqsning ham o‘z vaqti bor. Tosh otishning ham, tosh yig‘ishning ham o‘z vaqti bor. Bag‘riga bosishning ham, undan o‘zini tiyishning ham o‘z vaqti bor. Qidirishning ham, yo‘qotishning ham o‘z vaqti bor. Saqlab qo‘yishning ham, tashlab yuborishning ham o‘z vaqti bor. Yirtishning ham, tikishning ham o‘z vaqti bor. Sukut saqlashning ham, so‘zlashning ham o‘z vaqti bor. Yaxshi ko‘rishning ham, nafratning ham o‘z vaqti bor. Urushning ham, tinchlikning ham o‘z vaqti bor. Shuncha mehnat qilib inson qanday foyda topadi? Insonlar qilishi uchun Xudo bergan mushkul ishni ko‘rdim. Xudo aytgani bo‘yicha hamma narsa o‘z vaqtida sodir bo‘ladi. Xudo yuragiga solgani uchun inson vaqt o‘tishini sezadi, lekin Xudo boshidan oxirigacha qilgan ishlarni inson tushuna olmaydi. Inson uchun baxtli hayot kechirish, o‘z hayotidan rohatlanishdan boshqa yaxshiroq narsa yo‘q ekanligini tushunib yetdim. Hamma yeb, ichib, o‘z qilgan mehnatining rohatini ko‘rsin. Bu Xudoning in’omidir. Xudo qilgan har bir ish to abad o‘zgarmas, bu ishga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi, undan hech narsani ayirib bo‘lmaydi. Xudo bu ishlarni, hamma Mendan qo‘rqsin, deb qildi. Hozir nima bo‘lsa, oldin ham bo‘lgan, kelajakda bo‘ladigani hozir ham bordir. Xudo o‘z vaqtida o‘tmishni yana qaytarar. Men yana bu dunyoda adolat hukm surishi kerak bo‘lgan joyda — qozixonada ham, to‘g‘rilik o‘rnida ham egrilik ko‘rdim. O‘zimga: “Yaxshini ham, yomonni ham Xudo hukm qiladi, chunki Xudoning O‘zi har bir narsaning, har bir ishning vaqtini belgilagan”, — dedim. Men yana odamzod haqida shuni tushundim: “Insonlar ham xuddi hayvonlarday ekan. Shuni ko‘rsatish uchun Xudo insonlarni sinar ekan.” Axir, odamlar bilan hayvonlarning taqdiri bir xil, unisi ham bunisi ham o‘ladi. Insonlarga ham, hayvonlarga ham Xudo jon bergan, odamlar hayvonlardan ustun emas. Hammasi behuda ekan. Hamma bitta joyga boradi, tuproqdan yaralganlar tuproqqa qaytadi. Insonning ruhi tepaga chiqadimi, hayvonlarning ruhi pastga — yerning ostiga tushadimi, kim biladi?! Shunda men tushundim: inson uchun o‘z mehnatidan rohat olishdan boshqa yaxshiroq narsa yo‘q ekan, chunki bu uning taqdiri. Inson o‘tib ketgandan keyin nima bo‘lishini kim unga ko‘rsata oladi?! Men yana bu dunyoda bo‘layotgan zulmni ko‘rdim. Mana ezilganlarning ko‘z yoshlari, lekin ularning yupatuvchisi yo‘q. Ularga zulm qilayotganlarda kuch bor, ezilganlarning esa yupatuvchisi yo‘q. Shunda men: “Marhumlar tiriklardan baxtliroqdir”, — dedim. Ammo hali tug‘ilmaganlar marhumlardan ham baxtliroqdir, chunki ular bu dunyoda qilinayotgan qayg‘uli ishlarni ko‘rmaganlar. Men yana bir narsani ko‘rdim: inson hamma ishni mohirlik bilan qiladi, lekin bu ishni birovga g‘ayirlik bilan qilsa, bu ham behuda, shamol orqasidan quvishdaydir. Ammo: Nodon qo‘llarini qovushtirib o‘tirib o‘zini o‘zi xarob qiladi. Vaqtni yelga sovurib, mashaqqatli mehnat bilan ikki hovuch narsaga erishish mumkin, lekin xotirjamlik bilan bir hovuch narsaga ega bo‘lish undan afzalroqdir. Bu dunyoda yana bir behudalikni ko‘rdim. Mana, bir kishi — yolg‘iz, uning farzandlari ham, aka–ukalari ham yo‘q. U tinim bilmay mehnat qiladi, ko‘zi esa boylikka to‘ymaydi. U: “Kim uchun ishlayapman, nima uchun o‘zimni rohat qilishdan qisyapman?!” — demaydi. Bu ham behudadir, qayg‘uli ishdir. Ikki kishi bir kishidan ko‘proq ish bajara oladi, ular o‘z mehnatlari uchun yaxshi taqdirlanadilar. Agar bittasi yiqilsa, ikkinchisi turg‘izadi, lekin yolg‘iz bo‘lganning ahvoli chatoqdir, u yiqilsa, turg‘izishga yonida hech kim bo‘lmaydi. Ikki kishi birga yotsa, sovuq qotmaydilar, agar kishi bir o‘zi yotsa qanday qilib isinadi?! Kishi bir o‘zi bo‘lsa, uni yiqitish oson, lekin ikki kishi o‘zlarini himoya qila oladi. Uchta ipdan eshilgan arqonni uzish qiyindir. Qari, maslahatga quloq solmaydigan nodon shohdan kambag‘al, lekin dono bo‘lgan yigit yaxshiroqdir. Shunga o‘xshash bir yigit o‘z yurtida kambag‘al bo‘lib tug‘ilib, qarzini to‘lay olmay qamoqqa tushib qolishi mumkin. Lekin qamoqdan chiqqandan keyin kelajakda shoh bo‘lishi ham mumkin. Shohning vorisi bo‘lgan o‘sha yigitni qo‘llab–quvvatlashga tayyor bo‘lgan, mana shu dunyoda yashayotganlarni ko‘rdim. Unga ergashganlar son–sanoqsiz bo‘lib ketishi, uning obro‘si ortishi mumkin. Shunday bo‘lsa ham, kelajak avlod uni rad qiladi. Ha, bu ham behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan. Xudoning uyiga borganda qadamingizni o‘ylab bosing. Nodonlarday harakat qilmasdan, aksincha quloq solish uchun boringlar. Nodonlar Xudoga o‘ylamasdan qurbonlik keltiradilar. O‘ylamasdan, beparvolik bilan qurbonlik keltirish fosiqlik ekanligini esa tan olmaydilar. Hech qachon gapirishga shoshilma, qalbingda Xudoga va’da berishga xovliqma. Xudo jannatda, sen esa yerdasan, shuning uchun kamgap bo‘lgin. Tashvish ko‘p bo‘lganda, puch niyatlar ham ko‘payadi, Ko‘p gapirganda, og‘izdan ahmoqona so‘zlar chiqadi. Xudoga nazr ataganingdan keyin uni bajarishni orqaga surmagin. U nodonlarni yoqtirmaydi. Albatta va’dangda turgin. Va’da berib, uni bajarmaslikdan ko‘ra, umuman va’da bermaslik yaxshiroqdir. Shunday paytda tiling seni gunohga yetaklamasin. Ruhoniyga: “ Nazr atab, xato qildim”, — deb aytmagin. Shunday deb Xudoning qahrini keltirsang, o‘z qo‘llaring bilan qilgan ishlaringni Xudo buzib tashlashi mumkin. Puch niyatlaru ko‘p gapirish behuda oqibatlarga olib boradi. Shunday qilish o‘rniga Xudodan qo‘rqqin. Agar kambag‘allarga zulm qilinayotganini, adolat va haqiqat yo‘qligini ko‘rsang, hayron bo‘lmagin, har bir amaldorning ustidan undan ham kattarog‘i bor, ularning ustidan yana ham kattarog‘i bordir. Hammasi, hatto shoh ham, dalaning hosiliga ko‘z tikib, ulush talab qilib oladi. Pulga ruju qo‘ygan hech qachon pulga, boylikni yaxshi ko‘rgan esa boylikka to‘ymaydi. Bu ham behudadir. Buyum, narsalar ko‘payganda, ularni ishlatib yuboradiganlar ham ko‘payadi. Boylikning egasi faqat o‘z boyligiga termulib qarashdan boshqa yana qanday foyda topadi?! Mehnatkashlar kam yesa ham, ko‘p yesa ham tinch uxlaydi, boylar esa boyligi ko‘pligidan xavotirlanib uxlay olmaydi. Bu dunyoda shunday bir qayg‘uli fojia ko‘rdim: yig‘ilgan boylik egasiga zarar keltiradi, ya’ni o‘sha boylik qandaydir omadsizlik tufayli yo‘qoladi. O‘z bolalariga qoldirish uchun esa boy odamning hech narsasi bo‘lmaydi. Onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, shundayligicha bu dunyodan ketadi, qilgan mehnatlarining mevalaridan birortasini qo‘llarida olib keta olmaydi. Bu ham qayg‘uli fojiadir: inson qanday kelgan bo‘lsa, shundayligicha ketadi, shamol uchun mehnat qilib qanday foyda topadi? Butun umrini qorong‘ilikda o‘tkazadi, qayg‘u–alam, g‘azab va xastaliklar bilan yashaydi. Mana, men bir narsani tushundim: inson uchun Xudo bergan qisqa umri davomida yeyish, ichish va bu dunyoda qilgan o‘z mehnatidan zavqlanish yaxshi ekan, chunki bu insonning taqdiridir. Xudo kimga boylik va mulk berib, unga mana shu narsalardan rohatlanishga imkoniyat ham bersa, insonga o‘z qilgan mehnatidan mamnun bo‘lib, undan zavqlanishiga yo‘l bersa, mana shu Xudoning in’omidir. Bunday inson hayoti haqida qayg‘urmaydi ham, chunki Xudo uning qalbini zavqlanish bilan band qiladi. Bu dunyoda shunday bir fojiani ko‘rdim, u inson zotini toshday bosib turadi: Xudo ba’zilarga boylik, mulk va obro‘ beradi, bu insonlar ko‘ngli xohlagan narsaga ega bo‘ladi. Lekin Xudo ularga bu narsalardan zavq olishga yo‘l bermasa, bir begona bu narsalarning rohatini ko‘radi. Bu behuda, qayg‘uli fojiadir. Inson yuzta farzandli bo‘lishi ham mumkin, uzoq umr ko‘rishi ham mumkin, lekin u qancha ko‘p yashasa ham, mana shu hayotning rohatini ko‘rmasa yoki hurmat bilan ko‘milmasa, menimcha, o‘lik tug‘ilgan bolaning taqdiri unikidan yaxshiroqdir. Bu bola behuda dunyoga kelib, olamdan o‘tadi. Hech kim uni bilib tanimaydi. [5-6] U quyosh yuzini ko‘rmagan, hayot nimaligini bilmagan. Shunday bo‘lsa ham, ikki ming yil yashab hayotning rohatini ko‘rmagan kishidan ko‘ra, ko‘proq o‘sha bola orom oladi. Baribir hamma bir joyga boradi–ku! *** Insonning barcha mehnatiyu intilishlari o‘z qornini to‘ydirish uchundir, shunda ham u hech qachon qoniqmaydi. Donolarning nodonlardan qanday ustunligi bor? Kambag‘allar bu hayotni uddalab yashashga aqllari yetsa ham, ularga bundan nima foyda bor?! Ko‘z oldingda turgan narsa havas qilingandan yaxshiroqdir. Doimo mol–mulkim ko‘paysin, deb havas qilish behudadir, shamolning orqasidan quvishdaydir. Dunyoda nima bo‘lsa, hammasi allaqachon belgilangan, insonning taqdiri ham ma’lum, hech bir kishi hammadan kuchli bo‘lgan Xudo bilan bahslasha olmaydi. Qancha ko‘p bahslashsang, shuncha behudadir, senga hech qanday foydasi yo‘q. Hayot yelday o‘tib ketar, inson uchun nima yaxshiligini kim biladi?! Xudo hayotimizni o‘tib ketadigan soyadek qilib qo‘ygan, kim ham bizga kelajakda nima bo‘lishini aytib bera olardi?! Yaxshi nom qimmatbaho xushbo‘y moydan, o‘lim kuni esa tug‘ilgan kundan yaxshiroqdir. To‘y bo‘layotgan uyga borishdan ko‘ra, azador xonadonga borish yaxshiroq, chunki hammaning taqdiri bir, hayot bo‘lganlar buni unutmasinlar. Qayg‘u kulgidan yaxshiroqdir, qayg‘uli yuz yurakka yaxshi. Dononing qalbi azador uydagilar bilandir, nodon esa doimo xursandchilik haqida o‘ylaydi. Dono odamning tanbehini eshitish nodonning maqtovlaridan yaxshiroq, chunki nodonning maqtov kuyi qozonning ostida yonib turgan yantoqning chirsillashiga o‘xshaydi. Ammo bu ham behuda, chunki do‘q–po‘pisa dononi ham telba qiladi, pora esa yurakni egri qiladi. Hamma narsaning oxiri — boshidan, sabr–toqat — mag‘rurlikdan yaxshiroqdir. Jahldor bo‘lmagin, chunki jahl nodonlarning yuragida uy quradi. “Nima uchun o‘tmish kunlar hozirgilardan yaxshiroq edi?” — deb so‘ramagin, bu savolni so‘rash donolikdan emas. Donolik xuddi meros kabi yaxshidir, bu dunyoda hayot bo‘lganlarga foydalidir. Donolik ham pul kabi vaqtinchalik orom beradi, donolik hayotga chidashga yordam beradi, ilm–ma’rifat foyda keltiradi. Xudo qilgan ishlarga qaragin, U egri qilgan narsalarni kim ham to‘g‘rilay olardi?! Baxtli kunlaringda quvongin, qayg‘uli kunlaringda esa shuni esingda tut, quvonchni ham, qayg‘uni ham Xudo yaratgan. Hech kim kelajakda nima bo‘lishini aytib bera olmaydi. Mana shu behuda hayotim davomida hamma narsani ko‘rdim. Solih insonlar solih bo‘lsalar ham halok bo‘ladilar, fosiqlar esa o‘z fosiqliklari bilan uzoq umr ko‘radilar. Qonunparast bo‘lma, donoligingga juda ham ishonaverma, nima uchun o‘zingni o‘zing halok qilishing kerak?!. Ammo shakkok yoki ahmoq ham bo‘lmagin, nima uchun ajaling yetmay turib vafot etishing kerak?! Bu nasihatlarning birini tutib, ikkinchisini unutma. Xudodan qo‘rqqan ikkisini ham esda tutadi. Donolik insonni shahardagi o‘nta hukmdordan qudratliroq qiladi. Lekin bu dunyoda har doim solihlik qilib, umuman gunoh qilmaydigan inson yo‘qdir. Xizmatkoring seni yomonlayotganini eshitib qolmasliging uchun, odamlar gapirayotgan hamma narsaga ham e’tibor beravermagin. O‘zing bilasan, sen o‘zing ham boshqalarni juda ko‘p yomonlagansan–ku! Bularning hammasini donoligim bilan sinab ko‘rdim, o‘zimga: “Donolikka erishaman”, — dedim, lekin unga yeta olmadim. Hamma sodir bo‘ladigan narsalarning ma’nosi juda chuqur, yetib bo‘lmasdir. Kim ham uni topa olardi?! Shunda men donolikni qidirib topishga, har bir sodir bo‘lgan narsani tushunishga o‘zimni bag‘ishladim. Fosiqlik nodonlik ekanligini, ahmoqlik telbalik ekanligini o‘z hayotimda isbotlamoqchi bo‘ldim. Men mana bu narsani bildim. Ahmoqlik bir ayolga o‘xshaydi. U o‘zi tuzoq, yuragi to‘r, qo‘llari esa zanjirdaydir. U o‘limdan ham achchiqroq ekan. Xudoga ma’qul keladigan ishlarni qiladiganlar undan qocha oladilar, lekin gunohkor uning qo‘llariga tushadi. [27-28] Voiz shunday dedi: “Bekorga har bir sodir bo‘lgan narsaning ma’nosini qidirib (bu ma’noni juda sinchkovlik bilan izlagan bo‘lsam ham), mana shu narsani tushunib yetdim: minglar orasida bitta solih kishini topdim, shularning orasidan bitta ham solih ayol topa olmadim. *** Ammo mana bu bir narsani angladim, qarang, Xudo insonni to‘g‘ri qilib yaratgan, lekin u har xil qabih rejalar tuzadi.” Kim dono kishiga o‘xshaydi? Kim biror narsaning ma’nosini biladi? Donolik kishining yuzini yashnatadi, Yuz qattiqligini yumshatadi. Xudoga bergan qasamingni bajarganingday, shohning ham amriga itoat qil. Uning oldida qo‘rqib turavermasdan, borib aytganini qil. Yomon ishlarning tarafdori bo‘lma, chunki shoh o‘zi xohlagan ishni qiladi. Shohning so‘zi e’tiborlidir, hech kim unga: “Nima qilyapsiz?” — deb ayta olmaydi. Farmonlarga itoat qilganlarga zarar yetmaydi. Dono kishi hamma narsaning, hatto hukmning ham o‘z vaqti borliginiyu insonning qilgan yovuzliklari uni toshdek bosib turishini biladi. Dono kishi yana shuni biladi: hech kim kelajakda nima bo‘lishini, qachon sodir bo‘lishini bilmaydi. Hech kimning shamolni ushlashga kuchi yetmaganiday, o‘lim kunini orqaga surishga ham hech kimning kuchi yetmaydi. Jangchi o‘rniga birovni qo‘yib, urushdan qocha olmaganday, fosiqlar ham fosiqlikdan qochib qutulolmaydi. Bu dunyoda bo‘layotgan hamma narsa haqida chuqur o‘ylab, bularning hammasini ko‘rdim, bir kishi ikkinchisining ustidan zulm o‘tkazib, hukmronlik qiladigan bir zamon bu. Yana shu narsani ko‘rdim, fosiq kishining jasadi muqaddas joydan olib chiqildi. Orqasidan olomon borardi, o‘sha fosiq kishi hurmat bilan ko‘mildi. Solihlarning jasadlari esa sochilib yotardi. Bu ham behudadir. Jinoyatga tez jazo berilmagani uchun, insonlarning yuragi yovuzliklar qilishga doim tayyor. [12-13] Gunohkorlar yuz marta jinoyat qilsalar ham, uzoq umr ko‘rishlari mumkin. Ha, “Xudodan qo‘rqadiganlarga undan ham yaxshiroq bo‘ladi, chunki ular Xudodan qo‘rqadilar. Fosiqlarga esa yaxshi bo‘lmaydi, hayotlari soyaday tez o‘tib ketadi, chunki ular Xudodan qo‘rqmaydilar”, degan gapni bilaman. *** Qaranglar–a, bu dunyoda mana shunday bema’ni narsalar ham sodir bo‘ladi, solihlar fosiqlarga loyiq bo‘lgan jazoni oladilar, fosiqlarga esa xuddi solihlarday munosabatda bo‘ladilar. Men: “Bu ham behudadir”, — dedim. Shuning uchun men bu hayotdan rohat olishni maslahat beraman. Bu dunyoda odamlarga yeyish, ichish va xursand bo‘lishdan boshqa yaxshiroq narsa yo‘qdir. Xudo insonga bergan bu dunyodagi hayoti davomida qiladigan mehnatida shodlik u bilan bo‘ladi. [16-17] Donolikni bilishga, yer yuzida bo‘layotgan ishlarni o‘rganishga o‘zimni bag‘ishladim. Xudoning hamma ishlarini ko‘rdim, haqiqatan ham hech kim bu dunyoda Xudo nima qilayotganini tushunmaydi. Hatto uyqudan voz kechib ham, qancha harakat qilmaylik, bilolmaymiz, ma’nosini topa olmaymiz. Donolar: “Bilamiz”, — deb aytadi, ammo ular ham haqiqatan tushunmaydilar. Bularning hammasini yuragimga joylab, ular haqida yaxshilab o‘yladim: solihlar ham, donolar ham, ularning ishlari ham Xudoning qo‘lida ekan, hatto ularning sevgisi ham, nafrati ham Xudoning qo‘li ostida ekan. Hech kim kelajakda nima bo‘lishini bilmaydi. Hammaning taqdiri bir xil, solihning ham, fosiqning ham, yaxshining ham, yomonning ham, halolning ham, haromning ham, qurbonlik qiladiganlarning ham, qurbonlik qilmaydiganlarning ham taqdiri birdir. Gunohkorlarga nima bo‘lsa, yaxshilarga ham shunday bo‘ladi, xudojo‘ylik bilan nazr qiladiganlarning ham, chin ko‘ngildan nazr qilmaydiganlarning ham qismati bir. Bu dunyoda bo‘layotgan hamma ishlarning qayg‘uliligi shundadir: hammaning taqdiri bir xil. Shuning uchun hammaning yuragi g‘azabu alamga to‘la, hayotliklarida yuragi telbalik bilan to‘la. Keyin esa ular bu olamdan o‘tadilar. Lekin hayot bo‘lganning umidi bor, axir: “Tirik it o‘lik sherdan yaxshiroq”, — deyishadi–ku. Hayot bo‘lganlar hech bo‘lmasa o‘lishlarini biladilar, marhumlar esa hech narsani bilmaydilar. Marhumlar uchun hech qanday mukofot yo‘q, vaqti kelib hech kim ularni yodga ham olmaydi. Ular sevgan, nafratlangan va jon kuydirgan narsalarning hammasi o‘tib ketgan. Bundan keyin ular hech qachon bu dunyoda bo‘layotgan narsalarga qo‘shila olmaydilar. Marhamat, noningizni shodlik bilan yeyavering, sharobingizni quvnoq yurak bilan ichavering, chunki Xudo shunday qilishingizni ma’qul ko‘rgan. Kiyimlaringiz har doim oppoq bo‘lsin, boshingizdan xushbo‘y moy arimasin. Bu dunyodagi sizga berilgan umr davomida o‘z sevgan xotiningiz bilan tez o‘tib ketadigan bu hayotdan zavqlaning. Hayotingiz va dunyoda qiladigan mehnatlaringiz davomida sizga shunday imkoniyatni Xudo bergan. Nima qilsangiz ham bor kuchingiz bilan qiling, chunki siz borayotgan joy — o‘liklar diyorida hech qanday ish, fahm–idrok, ilm–ma’rifat yoki donolik yo‘qdir. Men yana bir narsani tushundim, bu dunyoda: Musobaqada g‘alaba doimo tez yugurganga, Jangda g‘alaba doim kuchliga nasib etmas ekan. Mol–mulk doimo donoga, Boylik ham doim uddaburonga nasib etmas ekan. Omad doimo bilimdonga kelavermas ekan. Ha, kuni kelib, hammaning ham omadi ketadi. Kulfat qachon kelishini hech kim bilmaydi. To‘rga tushib qolgan baliq va tuzoqqa ilingan qushlarday, insonlar ham boshlariga kulfat tushganda birdaniga tutilib qoladilar. Bu dunyoda men donolik haqida quyidagi berilgan namunani ko‘rdim. Menimcha bu juda ham muhim edi. Kichkina bir shaharcha bo‘lgan ekan, unda yashovchilarning soni ham ko‘p emas ekan. Bir qudratli shoh bostirib kelib, mana shu shaharchani qurshovga olibdi. Shaharchani qo‘lga kiritish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rib, baland qurilmalar yasabdi. Bu shaharda bir kishi yashar ekan. O‘zi kambag‘al, lekin dono ekan. U o‘zining donoligi bilan shaharni qutqarib qolishi mumkin edi, lekin bu kambag‘al kishini hech kim esga olmadi. Men o‘zimga: “Donolik qudratdan yaxshiroq bo‘lsa ham, kambag‘al kishining donoligini hech kim qadrlamaydi, uning so‘zlariga quloq solmaydi”, — dedim. Shunday bo‘lsa ham, Dono kishining xotirjamlik bilan aytgan so‘zlari nodon hukmdorning baland ovoz bilan aytgan so‘zlaridan afzalroqdir. Donolik urush qurollaridan yaxshiroqdir, lekin bir befarosat ko‘p yaxshilarni buzadi. O‘lik pashshalar xushbo‘y moyni sasitib yuboradi, shuningdek, ozgina ahmoqlik ko‘p donolikdan og‘irroq chiqadi. Dononing yuragi o‘ngga — to‘g‘ri ishlarni qilishga, nodonniki esa chapga — fosiqlikka tortadi. Ahmoqlarning aqli yetmay, qilgan qiliqlari bilan ham hammaga ahmoqligini ko‘rsatadi. Agar hukmdorning sendan jahli chiqsa, joyingni tashlab ketmagin, chunki vazminlik tufayli xafagarchiliklar ham bosilib ketadi. Mana men bu dunyoda ko‘rgan fojia, hukmdordan boshlangan katta xato: ahmoqlar baland lavozimga ko‘tariladi, boylar esa pastda o‘tirishadi. Men yana shuni ko‘rdim: zodagonlar xuddi qullarday piyoda yurganda, qullar otda yurardi. Chuqur qaziganning o‘zi unga tushishi, devorni buzganni esa ilon chaqishi mumkin. Tosh kesgan o‘ziga zarar yetkazishi, xoda yorgan esa og‘riqqa duchor bo‘lishi mumkin. Agar bolta o‘tmas bo‘lsa–yu, uni o‘tkirlamasang, uni ishlatish uchun ko‘proq kuch kerak bo‘ladi. Mana, donolikdan qanday foyda bor ekan. Ammo ilon o‘ynatilmasdan oldin chaqib olsa, ilon o‘ynatuvchiga donishmandlikning nima foydasi bor?! Donolarning so‘zlari ularga hurmat keltiradi, nodonlarning so‘zlari esa o‘zlarini halok qiladi. Ularning so‘zlari ahmoqlik bilan boshlanib, g‘irt telbalik bilan tugaydi, shunda ham ahmoqlar gapiraveradilar. Hech kim nima bo‘lishini bilmaydi, kim bizga kelajakni aytib bera oladi?! Nodonning harakatlari uni juda charchatadi, chunki u shunchalik ahmoqki, shaharga boradigan yo‘lni ham qayta topa olmaydi. Ey, shohi yosh bo‘lgan, hukmdorlari ertalabdan ziyofat qiladigan yurt, senga afsus–nadomatlar bo‘lsin. Shohi asilzoda bo‘lgan, hukmdorlari mastlik uchun emas, kuch to‘plash uchun o‘z vaqtida ziyofat qiladigan yurt baxtlidir. Dangasalikdan uyning tomi cho‘kadi, Yalqovlik tufayli tomdan chakki o‘tadi. Ziyofat berilganda ko‘ngil shodlikka to‘ladi, Sharob insonni xushnud etadi. Lekin ikkalasi uchun ham pul kerak. Hatto sirdosh do‘stlaring orasida ham shohni la’natlama, o‘z yotoqxonangda ham boylarni yomonlama. Yaxshi gapning ham, yomon gapning ham qanoti bordir. Osmondagi qush so‘zlaringni yetkazib borishi mumkin. Noningni suvga tashla, bir necha kundan keyin uni yana topasan. Bu dunyoda qanday kulfat kelishini bilmaysan, shuning uchun narsalaringni yetti, hatto sakkiz kishiga bo‘lib bergin. Bulutlar to‘lganda, yerga yomg‘ir yog‘adi, daraxt shimol tomonga yoki janub tomonga yiqilsa ham, o‘sha yiqilgan joyida yotaveradi. Shamolni ko‘rib qo‘rqqan hech qachon urug‘ ekmaydi, yomg‘irdan xavfsirab, bulutni kuzatgan hech qachon hosil o‘rmaydi. Onaning bachadonidagi bolaga qanday qilib jon kirishini bilmaganingdek, hamma narsani sodir qiladigan Xudoning ishlarini bilmaysan. Urug‘laringni ertalab ekkin, kechqurun ham qo‘llaring bo‘sh o‘tirmasin, chunki sen qaysi biri — unisimi yoki bunisimi yaxshi o‘sishini bilmaysan, balki ikkalasi ham yaxshi o‘sar. Yorug‘lik lazzatlidir, quyoshni ko‘rish ko‘zlar uchun ham yoqimlidir. Uzoq yillar yashaydiganlar ham har bir yashagan kunlaridan zavq olsin, hali ko‘p qorong‘ilik kunlari bo‘lishini esda tutsin. Hamma keladigan narsalar yelday o‘tib ketadi. Ey, yigit, yoshligingda rohatlan, yuraging seni zavqlantirsin. Ko‘ngling orzu qilgan, ko‘zlaring xohlagan ishni qilgin, lekin bilib qo‘y, har bir qilgan ishing uchun Xudo seni hukm qiladi. Qayg‘urmagin, tanang og‘riqni bilmasin, chunki yoshlik, hayot tongi yelday tez o‘tib ketadi. Yoshligingda, qayg‘uli kunlar kelishidan oldin Yaratganni yodda tut, shunday yillar keladiki, sen: “Bu vaqt menga hech qanday rohat keltirmaydi”, — deysan. Hayotingning o‘sha yillarida: Quyosh, yorug‘lik, oy va yulduzlar qorayar, Yomg‘irli bulutlar o‘tib ketmas. Seni himoya qilgan qo‘llaring qarilikdan qaltirar, Kuchli oyoqlaring zaiflashar, Tishlaring kamligidan chaynay olmassan, Ko‘zlaring yaxshi ko‘rmaydigan bo‘lib qolar. Quloqlaring ham ko‘chada bug‘doy yanchilayotganiniyu Ashulachilar ovozini eshitolmaydigan darajada kar bo‘lib qolar. Qushlarning ovozi esa seni uyg‘otib yuborar. Balandliklardan qo‘rqadigan bo‘lib qolarsan, Ehtiyotlik bilan qadam tashlarsan. Sochlaring gulga kirgan bodom daraxtiday oppoq bo‘lib qolar, Turib yurishga qiynalarsan, Belingning quvvati ketib sudralib yurarsan. Har bir inson dunyodan o‘tganday, sen ham vafot etarsan, Azadorlar ko‘chalarni to‘ldirarlar. Kumush zanjir uzilar, Hayotning tilla chirog‘i tushib ketib, buzilar. Buloq boshidagi suv ko‘zasi sinib ketar, Quduqning arqoni uzilib ketar. Sening o‘tkinchi tanang Yerning tuprog‘iga qaytar, Xudo bergan ruhing ham Uning O‘ziga qaytar. “Behuda! Behuda! — deydi Voiz. — Hammasi behudadir!” Voiz dono odam edi. U o‘z bilganlarini odamlarga o‘rgatdi, sabr–toqat bilan hikmatlarni o‘rganib, ularni to‘g‘rilab yozdi. Voiz ma’qul keladigan so‘zlar topishga harakat qilib, haqiqat so‘zlarini ochiq yozdi. Donolarning hikmatlari o‘tkir tayoqqa o‘xshaydi, hikmatli so‘zlar mahkam qoqilgan mixlarga o‘xshaydi. Bularning hammasini barchamizning Cho‘ponimiz bergan. Bulardan boshqa nasihatlarga ehtiyotkorlik bilan qaragin, bolam. Ko‘p kitob yozishning oxiri yo‘q, Ko‘p o‘qish odamni charchatadi. Hamma narsa aytildi, mana endi xulosa: Xudodan qo‘rq, Uning amrlarini bajar, chunki bu hammaning burchidir. Har bir ishni, hatto yashirin qilingan ishlarni ham, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iy nazar, Xudo hukm qiladi. Sulaymonning eng go‘zal qo‘shig‘i. O‘pgin meni lablaring bilan, Sening sevging sharobdan ham shirinroqdir. Atir moylaring qanchalik xushbo‘y! Yoqimli atir kabi noming har tarafga taralar. Shuning uchun qizlar seni sevarlar. Meni o‘zing bilan olib ket, tezroq boraylik. Ey shohim, meni o‘z yotog‘ingga olib kirgin. Ey shohimiz, biz quvonamiz. Siz bilan sevinamiz, Sharobdan ham ko‘proq sizning sevgingizni maqtaymiz. Ey sevgilim! Qizlar seni sevib, to‘g‘ri qilishadi. Ey Quddus qizlari! Men qorachadan kelgan bo‘lsam ham go‘zalman, Kedar chodirlariday qora bo‘lsam ham, Sulaymon pardalariday chiroylidirman. Qoraligim uchun menga past nazar bilan qaramanglar. Quyosh nurlari meni qoraytirdi. Aka–ukalarimning mendan jahli chiqib, Meni uzumzorlar qorovuli qilib qo‘yishdi, Ammo o‘z uzumzorimga qaray olmadim! Sevgilim, menga aytgin–chi, Qayerda o‘z podangni boqasan? Tush vaqti ularni qayerga yotqizasan? Ayt menga, yana podachi do‘stlaring oldida Uyatsiz ayollarday bo‘lib yurmay axir. Qayerdaligimni bilmasang, Ey go‘zallarning go‘zali, Podaning izlaridan borgin. Cho‘ponlarning chodirlari oldida O‘z echkilaringni o‘tlatgin. Ey sevgilim, Sen fir’avn aravasiga qo‘shilgan uchqur otday go‘zalsan. Ziraklaring tufayli yonoqlaring go‘zaldir, Marvaridlar bo‘yningni qanday chiroyli qilar. Senga atab tilladan bezaklar, Kumushdan taqinchoqlar yasattiraman. Shohim yonboshlab yotganda, Atirlarim o‘z hidini taratdi. Ko‘kraklarim orasida yotgan, Xushbo‘y mirraga to‘la xaltacha kabidir mening sevgilim. U men uchun Engedi bog‘laridagi Xina gullaridaydir. Go‘zaldirsan, ey sevgilim, Sen go‘zalsan! Ko‘zlaring kabutar ko‘zlariday nazokatlidir. Chiroylisan, ey sevgilim, Juda ham xushro‘ydirsan, Yam–yashil maysalar bizning to‘shagimizdir. Sadr daraxtlari tomimiz bo‘lsa, Archalar tomimiz sinchlaridir. Men Sharon atirguliman, Vodiylar nilufaridirman. Mening sevgilim qizlar orasida, Tikanlar orasidagi nilufar gulidaydir! Mening sevgilim yigitlar orasida, O‘rmon daraxtlari orasidagi olma daraxtiday ajralib turar. Men uning soyasida o‘tirib zavq olaman, Uning mevasi juda shirindir. U meni o‘z mehmonxonasiga olib kirdi, Meni o‘z sevgisi bilan qopladi. Mayizlar yedirib, menga kuch bergin, Olmalar bilan quvvatga to‘ldirgin, Axir, sevgilimning ishqi dardida yonmoqdaman. Uning chap qo‘li boshim ostidadir, O‘ng qo‘li bilan esa meni quchoqlaydi! Ey Quddus qizlari, Kiyigu yovvoyi ohular haqi ont iching. Vaqt–soati kelmaguncha, Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang. Sevgilim ovozi eshitilyapti, Ana qaranglar, u kelyapti. Tog‘laru qirlar osha kelyapti. Sevgilim ohuday, yosh kiyikdaydir. Mana, u devor ortida turibdi. Oynalardan mo‘ralab, Panjaralar orasidan qarab turibdi. Sevgilim menga shunday deydi: “Tura qol, sevgilim, oppog‘im, Men bilan yurgin. Mana qish o‘tdi, yomg‘irlar to‘xtadi. Yer yuzi gullar bilan qoplanmoqda, Yurt bo‘ylab kabutarlar kuyi eshitilmoqda, Qo‘shiq kuylash vaqti yetib keldi. Anjir meva tugishni boshladi, Toklar ham gulga kirdi. Ular xushbo‘y hidlarini taratmoqda. Tura qol, sevgilim, oppog‘im, Men bilan yurgin.” Sevgilim, sen tog‘larda yashaydigan, Qoyalarda yashirinadigan kabutardaysan. Yuzingni ko‘rsatgin, ovozingni eshitay. Ovozing juda shirin, yuzing go‘zaldir. Qarang, uzumzorimiz gullab yotibdi, Kichkina tulkilarni ushlanglar. Axir, ular uzumzorlarni vayron qiladi. Sevgilim menikidir, men esa unikiman, U nilufarlar terib, o‘z bog‘idan zavq oladi. Tong otmay turib, boraqol jonim. Baland tog‘larda sakraydigan ohu, kiyikday bo‘lib, Qorong‘ulik chekinmasdan oldin, qaytib keta qol. Kechqurun o‘rnimda yotganimda, Butun qalbim bilan sevgan oshig‘imni qo‘msadim. Juda qo‘msadim, lekin uni topolmadim. Endi turib, shaharga chiqaman. Shahar maydonlariyu, ko‘chalarida yurib, Sevgilimni izlayman. Izladim–u, ammo uni topolmadim. Qo‘riqchilar shaharni kezib yurib, Meni ko‘rib qolishdi. Ulardan: “Sevgilimni ko‘rmadingizmi?” deb so‘radim. Ularning oldidan ketishim bilanoq, Sevgilimni topdim. Uni mahkam quchib, qo‘yib yubormadim. Onamning uyiga olib keldim. Uni o‘z tuqqan onamning xonasiga olib kirdim. Ey Quddus qizlari, Kiyigu yovvoyi ohular haqi ont iching. Vaqt–soati kelmaguncha, Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang. Dashtda tutunday ko‘tarilib, Ko‘rinayotgan narsa nimadir? Undan attor rastasidagi barcha xushbo‘y atirlarning hidi, Mirra va xushbo‘y tutatqilarning hidi kelib turibdi. Qaranglar, u Sulaymonning taxtiravonidir, Uning atrofida oltmishta pahlavoni bor. Ular Isroil xalqi orasidagi eng bahodir jangchilardir. Qilich o‘ynatishda hammasi mohir, Jangda ham juda mahoratlidirlar. Tunda bo‘ladigan hujumlardan saqlanish uchun Ularning hammasi qilich bilan qurollangan. Shoh Sulaymon o‘z taxtiravonini Lubnon yog‘ochlaridan yasattirgan. Bu taxtiravon dastalari kumushdan, Orqasi tilladan yasalgan, O‘rindig‘iga esa safsar kimxob to‘shalgan. Quddus qizlari taxtiravonning ichini Muhabbat bilan bezatganlar. Chiqinglar, ey Sion qizlari! Shoh Sulaymonga qaranglar. To‘yi kuni, yuragi shodlik bilan to‘lgan kuni Onasi kiydirgan tojga qaranglar. Qanday go‘zalsan, ey sevgilim, Qanchalik go‘zalsan! Chachvoning ortidagi ko‘zlaring Kabutarlarday muloyimdir. Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan Qop–qora qo‘ylardaydir sening sochlaring. Yuvib–taralgan, juni qirqiladigan, Oppoq echkilardaydir sening tishlaring. Har birining egizi bor, O‘rni hech bo‘sh qolmagan. Lablaring qirmizi g‘unchalardaydir, Og‘zing ham juda go‘zal. Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa Anorlarday qip–qizil. Bo‘yning tik qurilgan Dovud minorasiday, Marjonlaring tizim–tizim, Jangchilarning minglarcha qalqonlaridaydir. Ko‘kraklaring egizak kiyiklardaydir. Ha, nilufarlar orasida o‘tlaydigan Ikki kiyikdaydir ular. Qorong‘ulik chekinmasdan oldin, Tong otmay turib, O‘sha xushbo‘y mirra tog‘iga, Ladan qiriga chiqaman. Har jihatdan go‘zaldirsan, sevgilim, Senda hech qanday nuqson yo‘q. Kela qol, kelinchagim, Lubnondan menga kel. Emona va Sanir tog‘laridan, Xermon tog‘lariyu sherlar makonidan, Qoplonlarning maskanidan tush. Ey jonim, kelinchagim, Qalbimni asir qilding. Ko‘zlaringning nigohi bilan, Bo‘yningdagi marjoning bilan Qalbimni asir qilding. Sevging qanday shirindir, Ey jonim, kelinchagim. Sening sevging sharobdan ham yaxshiroqdir. Atir moylaring esa Har qanday ziravordan ham xushbo‘yroqdir. Kelinchagim, lablaringdan bol tomar. Asal va sut tiling ostida, Kiyimlaring hidi Lubnon hidiga o‘xshar. Jonim mening, kelinchagim. Qulflangan bog‘, devor bilan o‘ralgan buloqdaysan, Yopib qo‘yilgan chashmadaysan sen. A’lo mevalar beradigan Anor bog‘iga o‘xshaysan. Bu bog‘da xina va sunbullar o‘sadi. Ha, bu bog‘da sunbulu safron, Xushbo‘y igir va dolchin, Har xil xushbo‘y daraxtlar, Mirra va saburlar, Eng a’lo ziravorlar o‘sadi. Sevgilim, sen bog‘dagi chashmaga, Hayotbaxsh suv bulog‘iga o‘xshaysan. Lubnon tog‘larining oqar suvlaridaysan. Ey shimol shabadasi, qo‘zg‘al, Janub shamoli, kelgin! Bog‘imda esgin, Toki xushbo‘y hidlari Hamma joyga taralsin. Sevgilim o‘z bog‘iga kelib, A’lo mevalaridan yesin. Ey jonim, kelinchagim, bog‘imga kelib, Mirra va ziravorlarimni to‘playman. Asalari mumini hamda asalimni yeyman, Sut va sharobimni ichaman. To‘yguningcha yegin, sevgilim, Sevgidan ichib, qoniqqin. Uxladim, lekin yuragim uyg‘oq edi. Ana, sevgilim chaqirmoqda: “Ochgin eshigingni, jonim, sevgilim, Kabutarim, komilim. Boshim ho‘ldir shudringdan, Sochlarim esa tun shabnamidan.” Kiyimlarimni yechib qo‘yganman, Qanday qilib yana kiyaman?! Oyoqlarim yuvilgan, Ularni kir qilaymi?! Sevgilim qo‘lini eshik teshigidan kirgizganda, Butun vujudim titrab ketdi. Sevgilimni kirg‘izay, deya turdim. Qo‘llarimdagi mirra, Eshikning tutqichlariga oqib tushdi. Sevgilimga eshikni ochdim, Lekin u ketib qolibdi. U ketganiga yurak–bag‘rim ezildi. Qidirib, uni topa olmadim, Chaqirdim, lekin u javob bermadi. Shaharni aylanib yurgan qo‘riqchilar Meni ko‘rib qoldilar. Ular meni urib yaraladilar. O‘sha shahar qo‘riqchilari Ustimdagi ro‘molimni olib qo‘ydilar. Ey Quddus qizlari, va’da beringlar, Sevgilimni topsangiz, aytib qo‘yinglar, Uning ishqi dardida yonmoqdaman. Ey ayollar go‘zali, Sevgilingning boshqalardan nimasi ortiq?! Uning boshqalardan nimasi ortiqki, Sen bizga, va’da beringlar, deb aytasan?! Sevgilim qo‘hlik, chiroylidir, O‘n mingtaning ichida ajralib turar. Boshi eng a’lo tilladay go‘zal, Jingalak sochlari qarg‘aday qop–qoradir. Ko‘zlari esa buloqlar bo‘yidagi kabutarlarday, Chashmalar bo‘yidagi, sutga cho‘mdirilgan kaptarlardaydir. Uning yonoqlari muattar hidli Ziravor bog‘lari kabi juda xushbo‘ydir. Lablari esa mirra oqib turgan Nilufarlar kabi shirindir. Qo‘llari tilladan yasalib, Topaz toshlar bilan bezatilganga o‘xshaydi. Tanasi esa zangori yoqutlar o‘rnatilgan Tep–tekis fil tishiday chiroylidir. Oyoqlari tilla taglikka o‘rnatilgan Marmar ustunlari kabi kuchlidir. Uning qiyofasi ulug‘vor Lubnonday, Qudratli a’lo sadr daraxtlaridaydir. Uning ovozi juda shirin, O‘zi esa har jihatdan maftunkor. Ey Quddus qizlari, mana shunday yigit Mening sevgilim, do‘stimdir. Sevgiling qayerga ketdi, Ey go‘zallarning go‘zali? Ayt–chi, qaysi tomonga yo‘l oldi, Biz sen bilan uni qidiraylik. Sevgilim o‘z bog‘iga, Xushbo‘y ziravorlar bog‘iga keldi. U nilufar gullar terib, O‘z bog‘idan zavq olgani keldi. Men sevgilimniki, sevgilim esa menikidir! U nilufarlar terib, o‘z bog‘idan zavq oladi. Sen Tirza shahriday go‘zaldirsan, sevgilim, Quddus shahriday xushro‘ydirsan, Bayroqlari ko‘tarilgan qo‘shinday savlatlisan. Ko‘zlaringni olib qoch mendan, Ular meni maftun qilganlar. Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan Qop–qora qo‘ylardaydir sening sochlaring. Yuvib–taralgan oppoq Echkilardaydir sening tishlaring. Har birining egizi bor, O‘rni hech bo‘sh qolmagan. Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa Anorlarday qip–qizil. Ana, oltmishta malika, saksonta kanizak, Son–sanoqsiz qizlar! Ammo mening kabutarim, Komil sevgilim o‘zgachadir. Onasining erkasi, Tuqqan onasining yagonasidir. Qizlar uni ko‘rib, u baxtlidir, deyishadi, Malikayu kanizaklar uni ko‘rib, maqtashadi. Mahbubamning nigohlari tongdaydir. O‘zi esa to‘lin oyday go‘zal, quyoshday yorqin, Bayroqlari ko‘tarilgan qo‘shinday savlatlidir. Men bodomzorga, Vodiy chechaklarini ko‘rishga bordim. Toklaru anorlar gullaganmikin, deya bordim. Shohona aravada o‘tirganday, Hayajondan titrar edim. Qaytgin, qaytib kelgin, ey Shulamlik qiz! Qaytib kel, seni yana bir bor ko‘raylik. Nima uchun bu Shulamlik qizga qaraysizlar?! U ikki qator qizlar orasida raqsga tushyaptimi?! Ey malikaga o‘xshagan qiz! Kafsh kiygan oyoqlaring qanday chiroyli! Dumaloq sonlaring javohirlarday, Xuddi mohir ustaning qo‘li bilan ishlanganday! Doimo xushbo‘y sharobga to‘la bo‘lgan, Dum–dumaloq kosadaydir sening kindiging. Yumaloq qorning esa nilufarlar bilan o‘ralgan, Tillarang bug‘doy uyumi kabidir. Ko‘kraklaring egizak kiyiklardaydir. Fil suyagidan qurilgan minoraday go‘zaldir bo‘yning, Batrabim darvozasi yonidagi Xashbon buloqlariday yorqindir ko‘zlaring. Burning esa Damashq shahriga qaragan Lubnon minorasiday tekisdir. Boshing Karmil tog‘iday baland turadi, Soching kimxobday go‘zal, Hatto shoh ham unga asirdir. Qanday go‘zal va xushro‘ysan, Huzurbaxsh sevgilim mening. Palma daraxtiday savlatlisan, Ko‘kraklaring uning mevalariday to‘liqdir. Men shunday dedim: “Palma daraxtiga chiqib, Mevalaridan ushlayman.” Ko‘kraklaring men uchun uzumday mazali, Nafasing esa olmalarday shirin bo‘lsin. O‘pichlaring eng a’lo sharobday shirindir, Bunday sharob lab va tishlar orasidan tekis o‘tadi. Men sevgilimnikiman, U faqat meni qo‘msaydi. Kelgin, sevgilim, dalalarga boraylik. Xina gullar orasida yotib qolaylik. Vaqtli turib, uzumzorlarga kiraylik. Ular gulga kirdimikin?! Toklaru anorlar gullaganmikin?! O‘sha yerda men senga o‘z sevgimni to‘la ko‘rsataman. Mehrigiyolar hid taratib turibdi. Eshigimiz tepasiga har xil mevalardan osib, Sen uchun saqlab qo‘ydim, sevgilim. Qaniydi, onam emizgan akamday bo‘lsang edi. Ko‘chada ko‘rganimda, seni o‘pgan bo‘lardim, Hech kim meni bu uchun ayblamagan bo‘lardi. Men seni onamning uyiga boshlab kelardim. Menga o‘git bergan onamning yotog‘iga olib kirardim, Senga xushbo‘y sharobu anorlarim sharbatini berardim. Mana, sevgilimning chap qo‘li boshim ostidadir, O‘ng qo‘li bilan esa meni quchoqlaydi! Ey Quddus qizlari, va’da beringlar, Vaqt–soati kelmaguncha, Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang. O‘z sevgilisi bilan quchoqlashib, Cho‘l tarafdan kelayotgan kim? Olma daraxti ostida men seni uyg‘otdim. Onang shu yerda senga homilador bo‘lgan, Mana shu yerda seni dunyoga keltirgan. Qo‘lingdagi muhr uzugingday, Meni ham yuragingga muhrlab olgin. Axir, sevgi o‘limday kuchli, Ishq ajalday shiddatlidir. Sevgining uchqunlari olov uchqunlariday, Lovullagan alangadaydir. Suv sevgini o‘chirolmaydi, To‘fonlar uni cho‘ktirolmaydi. Birortasi sevgi uchun Uyidagi bor boyligini bersa ham, Mazaxdan boshqa hech narsaga erishmaydi. Bizning bir singlimiz bor, Uning ko‘kraklari hali bo‘rtmagan. Uni so‘rab kelishsa, Biz nima qilamiz? Agar u devor bo‘lsa, Uning atrofida kumushdan qal’a quramiz. Agar u eshik bo‘lsa, Uni sadr yog‘ochlari bilan to‘sib qo‘yamiz. Men ham devorday edim. Endi esa ko‘kraklarim minoralardaydir. Shuning uchun sevgilim meni To‘liq yetilgan, deb biladi. Sulaymonning Baal –Homonda uzumzori bor edi. Uzumzorini bog‘bonlarga ishonib topshirdi. Ularning har biri uzumzor uchun Ming kumush tanga to‘lashlari kerak edi. Sulaymon, sen ming tanga ol, Qorovullarga esa ikki yuz tangadan berilsin. Mening uzumzorim o‘zimnikidir. Ey bog‘larda yashovchi qiz, Do‘stlarim ovozingni eshitishni kutmoqda. Qani, men ham ovozingni bir eshitay. Xuddi kiyikday, yosh ohuday bo‘lgin, Ziravorlar tog‘lariga tezroq kelgin, sevgilim. Omiz o‘g‘li Ishayoning Yahudo hamda Quddusga oid bashorati. Bu davrlarda Yahudoda Uzziyo, Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo kabi shohlar hukmronlik qilardi. Eshiting, ey samolar, tingla, ey zamin, Shudir Egamizning kalomi: “Bino qildim bolalarni, ulg‘aytirdim ularni, Ammo ular isyon qildilar Menga. Ho‘kiz biladi o‘z egasini, Hatto eshak bilar kim uni boqishini, Ammo xalqim Isroil bilmaydi, Ular tushunmaydi Meni, o‘z Egasini.” Eh, gunohkor elat, aybi muqarrar xalq, Eh, qabih nasllar! Nomussizlarcha ish qilar bu bolalar, Eh, Egamizni tark etgan ular, Isroil xalqining muqaddas Xudosiga Shakkoklik qilgan, Egamizga orqa o‘girgan ular! Egam aytar: “Nega yana muncha kaltak istaysiz?! Ne uchun isyonni davom ettirursiz?! Yaralangan butun bosh, Madordan ketgan butun yurak. Boshdan oyoq sog‘ joyi yo‘q, Yiring ila qoplangan, ko‘karib ketgan, Yaralaridan qon oqib yotar, Tozalanmagan, bog‘lanmagan, yog‘ surtilmagan. Vayronalar ichra yotar yurtingiz, Olovda yonib ketgan shaharlaringiz! Oldingizda yeringizni Yeb bitirar kelgindilar, Begonalar yurtingizni vayron qilar. Ammo aziz Quddus Qamal qilinganday bo‘lar, U o‘xshab qolar Uzumzordagi yolg‘iz chaylaga, Polizda tikkaygan kapaga.” Eh, agarda Sarvari Olam Qoldirmaganda edi besh–oltitamizni, Sado‘m shahriga o‘xshab qolgan bo‘lardik, G‘amo‘ra shahriga o‘xshagan bo‘lardik. Egamizning kalomini eshiting, Sado‘m yo‘lboshchilarining izdoshlari! Xudoyimizning o‘gitiga quloq soling, G‘amo‘ra xalqining sheriklari! “Nima keragi bor Menga?! Ko‘plab qurbonligingiz?! To‘yib ketdim endi Kuydirilgan qo‘chqorlar nazri, Bo‘rdoqi yog‘laridan, — deb aytmoqda Egamiz. — Menga xush kelmadi buqalarning, Qo‘zilar va echkilarning qoni. Huzurimda hozir bo‘lganingizda, Muqaddas Hovlimni bulg‘asin, deb kim aytdi? Bularni sizlardan kim so‘radi?! Endi soxta nazrlar qilmanglar Menga, Tutatqingiz ham Menga jirkanchdir! Toqat qilmasman endi Chorlovlaringizni, fosiq yig‘iningizni, Yangi oy bayramiyu Shabbat kuningizni. Nafratlandim yangi oy bayramingizdan Hamda ‘muqaddas’ kunlaringizdan. Bular Menga og‘ir yuk bo‘ldi, Toliqqanman bularni ko‘tarishdan. Hatto ko‘p ibodat qilganingizda ham, Eshitmasman Men sizlarni. Menga ochganingizda qo‘llaringizni, Sizlardan yashiraman Men ko‘zlarimni. Qo‘llaringiz qonga botgandir. Poklang, tozalang o‘zingizni, Ko‘z oldimdan yo‘qoting! Qabih qilmishlaringizni, Qabihlikni endi bas qiling! O‘rganing ezgulik qilishni, Adolatni izlang, Yo‘lga soling zolimni, Himoya qiling yetimni, Beva haqi uchun kurashing.” Egamizning kalomi shudir: “Qani, endi birgalashib o‘ylaylik: Gunohlaringiz qizil rangga o‘xshasa ham, Sizlar qorday oppoq bo‘lasiz. Gunohlaringiz qirmizi rangga o‘xshasa ham, Sizlar momiqday oppoq bo‘lasiz. Agar Menga itoat etsangiz chin ko‘ngildan, Yeysiz, albatta zaminning sara hosilidan. Ammo rad etib, Menga bo‘ysunmasangiz, Qilichning damiga ro‘para bo‘lgaysiz.” Egamizning O‘zi shunday deb aytdi. Qanday qilib sodiq shahar fohishaga aylandi?! Solihlik joylashib, adolatga to‘la bo‘lmaganmidi?! Endi esa bu yerda qotillar qoldi! Kumushing toshqol bo‘ldi, Sharobing suv bilan aralashdi. Ha, isyonkordir yo‘lboshchilaring, O‘g‘rilarga sherikdir ular. Har biri porani sevar, Hadyaning ortidan quvar. Yetimni ular himoya qilmas, Bevaning arzi ularga yetib bormas. Endi Isroil xalqining qudratli Xudosi, Sarvari Olam — Rabbiy aytadi: “Ha, dushmanlarimga g‘azabimni socharman, G‘animlarimdan o‘ch olib, tasalli toparman. Yana sizlarga qarshi qo‘l ko‘taraman. Ishqor bilan tozalaganday, Jamiki qorishmani yo‘q qilib, Toshqollarni ajrataman. Azalda bo‘lganiday Odil hakamu maslahatchilarni beraman. Shundan so‘ng senga nom qo‘yilar: ‘Solihlik shahri, Sadoqat shahri’, deya.” Shunda Quddus adolat orqali qutqariladi, Tavba qilganlar solihlik tufayli najot topadi. Isyonkoru gunohkorlar birga qiriladi, Egamizdan voz kechganlar halok bo‘ladi. Sizlar sharmanda bo‘larsiz O‘zingiz xush ko‘rgan emanlar sababli. Mana, uyalib qolarsiz O‘zingiz tanlagan sajdagoh bog‘lar tufayli. Ha, sizlar o‘xshab qolasiz Yaprog‘i qovjiragan emanga, Hamda suvsiz qaqragan boqqa. Kuchlilar ham cho‘pga o‘xshab qoladi. Ishlari lov etgan olovga o‘xshaydi. O‘zlariyu ishlari birga yonib ketadi, Hech kim bu olovni o‘chirolmaydi. Omiz o‘g‘li Ishayoga vahiyda Yahudo va Quddus haqida ayon bo‘lgan bashorat. Shunday kunlar keladiki, Egamizning uyi turgan tog‘ Tog‘larning eng yuksagi bo‘lib, qaror topadi. Bu tog‘ hammasidan ham baland bo‘ladi, Hamma xalqlar u yerga daryoday oqib keladi. Ko‘plab ellar keladi, Ular shunday deb aytadi: “Qani, yuringlar! Chiqaylik Egamizning tog‘iga! Qani, yuringlar! Boraylik Yoqub naslining Xudosi uyiga! Toki U bizga o‘rgatsin O‘zining yo‘llarini, Toki yuraylik bizlar Uning so‘qmoqlaridan.” Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan, Ha, Xudoning ta’limoti kelib chiqar Siondan. Egamiz hukm qiladi xalqlarning orasida, Ajrim qiladi ko‘p millatlar orasida. Qilichlarini aylantirishadi omochga, Nayzalarini esa tok qaychilariga. Qilich ko‘tarmaydi bir–biriga xalqlar, Hech qachon jang qilmaydi ular. Ey Yoqub xonadoni! Kelinglar, Egamizning nurida yuraylik. Ey Yoqub xonadoni! Xalqingizning yo‘llarini siz tark etdingiz! Bu yurt sharqdan kelgan bashoratgo‘ylarga, Filistlar yurtiga o‘xshab folbinlarga to‘la. Ular begona xalqlar bilan hamtovoq bo‘ldilar. Qarang, Yoqub xonadoni to‘la kumush, oltinga, Chek–chegarasi yo‘q xazinalarining, Ularning yurti to‘ladir otlarga, Chek–chegarasi yo‘q jang aravalarining. Ularning yurti to‘la behuda butlarga! Ular ta’zim etarlar Qo‘llarining ijodiga, O‘zlari yasab, yaratganlarga. Evoh, mana inson past bo‘ldi, Shu tariqa odamzod tiz cho‘ktirildi, Ularning qaddini ko‘tarma, ey Egam! Egamdan qo‘rqib qochinglar, Qoyaning ichiga kirib olinglar, Tuproq ostiga yashirininglar, Egamning ulug‘vorligi buyukdir! Ha, insonning mag‘rurligi yerga uriladi, Odamzodning yuksakligi past bo‘ladi, Yolg‘iz Xudo o‘sha kuni yuksaladi. Zotan, Sarvari Olamning bir kuni bor, Qarshi chiqar U jamiki kibor, kekkayganlarga. O‘sha mag‘rurlarga qarshi bo‘lar, Ularning har birini yerga urar. Qarshi bo‘lar U barcha yuksak, mag‘rurlarga! Ha, o‘sha Lubnon sadrlariyu Bashan emanlarining hammasiga. Qarshi bo‘lar U hamma baland tog‘larga, Hamma yuksak tepaliklarga. Qarshi bo‘lar U har bir baland minoraga, Har bir mustahkam qal’aga. Qarshi bo‘lar o‘sha mashhur Tarshish kemalariyu Inson yaratgan barcha ajoyibotlarga. Ha, yerga uriladi o‘sha odamzod faxri, Past bo‘ladi insonning yuksakligi! Yolg‘iz Xudo o‘sha kuni yuksaladi! Behuda butlar tamomila yo‘q bo‘lib ketadi. Egamiz qo‘zg‘alganda Yerni larzaga solay, deya Inson kirib ketar qoyalardagi g‘orlarga Egamizdan qo‘rqqanidan, Kirib ketar yerdagi chuqurlarga Uning buyuk ulug‘vorligidan. Odam, o‘zim sajda qilay, deb yasagan Oltinu kumush butlarini Berar o‘sha kuni yumronqoziq Hamda ko‘rshapalaklarga. Ha, Egamiz qo‘zg‘alganda Yerni larzaga solay, deya Inson qoyalardagi g‘orlarga kirar Egamizdan qo‘rqqanidan, Cho‘qqilarning yoriqlariga yashirinar Uning buyuk ulug‘vorligidan. Endi uzoqda yuring Tuproqdan yaratilganlardan. Bormi ularning biron qiymati?! Sarvari Olam — Rabbiy endi Quddus va Yahudo xalqiga har turli ta’minot hamda madad bermay qo‘yadi. Ularni non va suvdan bebahra qilyapti. Jangchilar va askarlardan, hakamlar va payg‘ambarlardan, folbinlar va oqsoqollardan mahrum qilyapti. Ellikboshi va amaldorlardan, maslahatchilardan, mohir ustalar va “dono” afsungarlardan judo qilyapti. Egam aytar: “Bolalar hukmron bo‘lar bu xalq ustidan, Aqlsizlar hukmronlik qilar ular tepasidan.” Xalq bir–biriga zulm qiladi, Har kim do‘stiga dushman bo‘ladi. Haqorat qilar yosh yigit oqsoqolni, Sharmanda odam esa obro‘li odamni. Odamlar o‘z yaqinini ushlab olib, O‘sha qarindoshiga shunday deydilar: “Ustingda kiyiming bor ekan, Bizga bosh bo‘la qol. Mana bu vayronalar uyumi Sening qo‘l ostingda bo‘ladi.” U esa o‘sha kuni qasam ichib aytar: “Axir, men shifo bera olmayman, Meni qilmang xalqqa boshliq, Uyimda bor na non, na kiyim.” Ha, Quddus ham, Yahudo ham quladi. Xalqining tillari, ishlari Xudoga qarshidir. Egamning shuhratini ular yerga bulg‘adi. Yuzlari guvohlik berib turar, Ular Sado‘m kabi gunohlarini oshkor qilar. Ha, gunohlarini ular yashirmas. Eh, o‘zlari boshlariga keltirar kulfat! Ularning holiga voy! Solihlarga esa yaxshilik ko‘rasan, deb ayting, Ular o‘z ishlarining samarasidan lazzat topadi. Ammo fosiqlarning holiga voy! Boshlarida kulfat, Axir, qilmishlariga yarasha qaytadi o‘zlariga. Yosh bolalari ezadi xalqimni, Ayollar hukmronlik qiladi ular ustidan. Ey xalqim, yo‘lboshchilaring seni chalkashtiradi, So‘qmoqlaringdan seni adashtiradi. Egamiz O‘z da’vosini isbot qilmoqqa kirishayotir, Ha, xalqlarni hukm qilmoqqa U qo‘zg‘alayotir. O‘z taxtiga o‘tirib Egamiz O‘z xalqining oqsoqollariyu Shahzodalari bilan hukmga kirishar: “Sizlar Mening uzumzorimni xarob qilgansiz. Kambag‘aldan olgan o‘lja bilan to‘la uyingiz. Nimasi bu?! Xalqimni ezaverasiz! Kambag‘alni iskanjaga olaverasiz!” Sarvari Olam — Rabbiyning so‘zidir bu. Egam aytar: “Mag‘rurdir Quddus ayollari, Bo‘yinlarini likillatib, ko‘zlarini suzib yurar, Mayda qadam tashlab yurib, To‘pig‘idagi xalqalarni jiringlatar.” Shu bois Rabbiy yara qilar Quddus ayollarining boshlarini, Sharmanda qilar ochib uyatli joylarini. O‘sha kuni Rabbiy tortib olar ularning Go‘zalligi — to‘pig‘idagi bezaklarini, Tillaqoshlariyu zeb–ziynatlarini, Sirg‘alari, bilaguzuk va harir ro‘mollarini, Tortib olar boshidagi tojini, Bilaguzuk, marjon, xushbo‘y moy, tumorlarini, Muhr uzuklarini, burundagi sirg‘alarini, Tortib olar shohona libosini, Harir parda, nimchalari, karmonlarini, Ko‘zgulari, zig‘ir liboslarini, Tillaqoshlariyu nafis liboslarini. Xushbo‘y hid o‘rniga ulardan sassiq hid keladi, Kamarlar o‘rniga arqon bog‘lab yuradi, Turmaklangan soch o‘rniga kal bosh bo‘ladi, Bashang kiyim o‘rniga qanor kiyadi, Ha, go‘zallik o‘rniga asirlik tamg‘asi bo‘ladi. Mana, yigitlari qilichdan yiqilib qoladi, Botir erkaklari jangda qirilib ketadi. Quddus darvozalari yig‘lab, aza tutadi. Sion bo‘m–bo‘sh bo‘lib, yerda o‘tiribdi. O‘sha kuni yetti ayol bir erkakni tutib olib, shunday deydi: “O‘z nonimizni yeymiz, O‘z kiyimimizni kiyamiz. Sharmandaligimizdan bizni qutqaring, Bizni sizniki, deb bilishsa bo‘ldi.” O‘sha kuni Isroildagi omon qolganlarga Yurtning hosili iftixor, ulug‘vorlik bo‘ladi. Ha, Egamning novdasi ko‘rkam, ulug‘vor bo‘ladi. Quddusda omon qolganlar, O‘sha Sion shahrida qolganlar “ Muqaddas ”, deb ataladi. Ular Quddusda hayot kitobiga yozilgan. Adolat ruhi, otash ruhi ila Rabbiy yuvib tashlaydi Quddus xalqining harom–xarishini, Poklaydi Sionning qon dog‘larini. Jamoa uzra kunduzi bulutni, Tunlari tutunni, yorug‘ alangani Egam barpo qiladi butun Sion tog‘ida. Ha, hashamat uzra Egam O‘zi soyabon bo‘ladi. U soya, ko‘lanka bo‘ladi kunduzi issiqdan, Panoh, boshpana bo‘ladi bo‘ronu yomg‘irdan. Qo‘shiq aytay suyukligimga, Aytay muhabbat qo‘shig‘imni Uning uzumzori haqida. Suyganimning uzumzori bor edi Tuprog‘i unumli tepalikda. Yerni ag‘darib, toshlardan tozaladi, O‘tqazdi eng sara uzum tokini, Qorovul minorasini o‘rtaga qurdi. Yana uzum siqishga hozirlik ko‘rdi, Uzumlarning pishishini u kutdi, Ammo hosil ituzum bo‘ldi. Endi, ey Quddus ahli, Yahudo xalqi, Hakam bo‘ling Men bilan uzumzorim o‘rtasida. Yana nima qilishim kerak edi uzumzor uchun? Unga qilmaganim yana ne qoldi?! Uzumlarning pishishini kutganimda, Nega hosil ituzum bo‘ldi?! Endi Men sizlarga aytaman Nima qilishimni uzumzorimni. Chetan devorini olib tashlayman, Hamma bor narsasi yeb bitirilsin. Uning devorini buzib tashlayman, Uzumzorim payhon qilinsin. Men uni xarobazor qilaman, Endi toklarim butalmaydi, Yeri hech yumshatilmaydi. Tikanlar, changalzor bilan qoplansin, Bulutlarga ham amr beraman, Uzumzorimga yomg‘ir yog‘dirmasin. Sarvari Olamning uzumzori — Isroil xonadoni, Egamning xush ko‘rgan ko‘chati — Yahudo odamlari. Ulardan to‘g‘rilik kutgandi, qotillik ko‘rdi, Ulardan adolat kutgandi, faryod eshitdi. Ey ko‘plab uy sotib oladiganlar! Holingizga voy! Ey dalasiga yana dala qo‘shib oladiganlar! Holingizga voy, Ha, boshqalarga joy qoldirmaysiz, Endi bu yurtda yolg‘iz o‘zingiz qolib ketasiz. Sarvari Olamning so‘zi ayon bo‘ldi menga: “Ko‘plab uylar, shubhasiz, xarob bo‘ladi, Katta, chiroyli uylar kimsasiz qoladi. Yigirma tanob uzumzor ikki ko‘za sharob beradi, O‘n savat urug‘ arang bir savat hosil beradi.” Holingizga voy, ey erta tongda turib, O‘tkir ichimlik ortidan quvadiganlar! Holingizga voy, ey tunda allamahalgacha Sharob ichib qiziydiganlar! Ziyofatlaringizda lira, arfa, Childirma, nay chalinar, sharob ichilar! Biroq Egamning ishlarini anglamaysizlar, Uning qo‘llari ijodini ko‘rmaysizlar! Shu bois, xalqim Meni bilmagani tufayli surgunga ketdi. Amaldorlari ochlikdan o‘lib ketdi, Ko‘plari tashnalikdan o‘rtanib yondi. Ha, behad ochilib ketdi O‘liklar diyorining ishtahasi, Cheksiz ochilib ketdi uning og‘zi, Tushib ketdi u yerga Quddusning obro‘si, O‘liklar diyoriga ketdi ko‘p odami, Shovqin–suroni, yuksalgani ham. Shunday qilib, inson past ketdi, Odamzod tiz cho‘ktirildi, Kiborlilarning ko‘zlari yerga qaradi. Biroq Sarvari Olam adolati ila yuksaladi. Mana, muqaddas Xudo solihligi ila Muqaddasligini ko‘rsatdi. Qo‘zilar o‘tlaydi endi o‘zlarining Yaylovida o‘tlaganday, Sarson bo‘lib yurgan bo‘rdoqilar yeb to‘yadi vayronalarda. Holingizga voy! Ey yolg‘onni arqon qilib Ayblarini tortib keladiganlar! Ey aravaning arqoni bilan Gunohlarini sudrab keladiganlar! Sizlar aytasiz: “Qani, tez bo‘lsin, Qiladiganini darrov qilsin, Toki biz buni ko‘raylik. Isroil xalqining muqaddas Xudosining maqsadi Zudlik bilan amalga oshsin, Toki biz buni bilib olaylik.” Holingizga voy, ey yomonni yaxshi, Yaxshini yomon deb aytadiganlar, Zulmatni nur bilan, Nurni esa zulmat bilan almashtiradiganlar! Ey achchiqni shirin, Shirinni achchiq deydiganlar! Holingizga voy, ey o‘zini dono deb bilganlar, O‘zlarini idrokli deb hisoblaganlar! Holingizga voy, ey sharob ichishda Qahramon bo‘lganlar, Ichkilikni aralash–quralash ichishda Bahodirlik ko‘rsatganlar. Pora evaziga aybdorni haq deb topganlar, Solihlarning to‘g‘riligini inkor qiladi ular! Shu bois alanganing tili somonni yutganday, Ularning ildizi chirib ketadi, Quruq xashak olovda kuyib bitganday, Ularning g‘unchasi changday uchib ketadi. Sarvari Olamning ta’limotini ular rad qildi, Isroil xalqining muqaddas Xudosining so‘zidan nafratlandi. Ha, Egamning g‘azabi O‘z xalqiga qarshi alangalandi, U xalqqa qarshi qo‘l ko‘tarib, ularni urdi. Shunda tog‘lar larzaga keldi, Ko‘chalarda jasadlari axlat bo‘ldi. Shunda ham Egam g‘azabidan tushmadi, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgancha turardi. Uzoqdagi xalqlarga U belgi beradi, Yerning chetidagi xalqlarga ishora yuboradi. Ana, ular kelayotir bu yerga tez, shiddat ila! Ular na charchaydi, na yiqiladi, Na mudraydi, yo na uxlaydi, Na kamari bo‘shaladi, Na chorig‘ining iplari uziladi. Ularning o‘qlari o‘tkirlangan, Hamma yoylari tortib bog‘langan, Otlarining tuyoqlari chaqmoqtoshga o‘xshar, Aravalarining g‘ildiraklari quyun kabidir. Ular sherga o‘xshab bo‘kiradi, Shervachcha kabi o‘kiradi, O‘kirib, o‘ljasini ushlaydi, olib ketadi, Hech kim uni qutqarib ololmaydi. O‘sha kuni guvullagan dengizga o‘xshab Yurt uzra o‘kirish eshitiladi. O‘sha yurtga nazar soladi. Ana zulmat, mana kulfat, Bulutlar tufayli nur xira bo‘ldi. Shoh Uzziyo vafot etgan yili men yuqoriga yuksalgan Rabbiyning taxtda o‘tirganini ko‘rdim. Uning libosining etaklari Ma’badni to‘ldirgan edi. Uning tepasida seraflar shay turardi, har birining oltita qanoti bor edi. Ular ikki qanoti ila yuzlarini to‘sgandi, ikki qanoti ila oyoqlarini to‘sgandi, qolgan ikki qanoti bilan uchayotgan edi. Ular bir–biriga hayqirishardi: “ Muqaddasdir, muqaddasdir, Muqaddasdir Sarvari Olam! Uning ulug‘vorligi Butun olamni to‘ldirgan!” Ularning hayqirgan ovozlari Ma’badni poydevorigacha titratib yubordi, Ma’bad tutun bilan to‘lib borardi. Men shunday dedim: “Sho‘rim qursin! O‘ldim endi! O‘z ko‘zlarim bilan o‘sha Shohni, Sarvari Olamni ko‘rdim. Axir, men og‘zi nopok bir odamman, og‘zi nopok xalq orasida yashayman!” Seraflardan biri men tomon uchdi, qo‘lida ko‘mir cho‘g‘i bor edi, otashkurak bilan qurbongoh ustidan o‘sha cho‘g‘ni olgan edi. Ko‘mir cho‘g‘ini og‘zimga tekkizib, u shunday dedi: “Qara, bu cho‘g‘ lablaringga tegdi, endi ayblaring yuvildi, gunohlaringdan forig‘ bo‘lding.” Shunda eshitdim Rabbiyning ovozini: “Kimni yuboraman? Biz uchun kim boradi?” Men aytdim: “Men shu yerdaman, mana, yuborgin meni.” U shunday dedi: “Bor, mana shu xalqqa: ‘Tinglayverasiz, lekin anglab yetmaysiz, Qarab turibsizu, ammo bilmaysiz’, — deb aytgin. O‘sha xalqning aqlini o‘tmas qil, Quloqlarini qilgin garang, Ko‘zlarini esa ko‘r qilgin. Toki ko‘rmay qolsin ko‘zlari, Eshitmay qolsin quloqlari. Anglamay qolsin aqllari, Toki yana Menga qaytib, Shifo topmasin ular.” So‘radim: “Ey Rabbiy, qachongacha?” U aytdi: “Shaharlar vayron bo‘lib, Kimsasiz qolgunlaricha, Xonadonlarda biron jon qolmay, Yurt tamom vayron bo‘lguncha. Oxiri, Men, Egangiz, hammani uzoqqa jo‘nataman, Yurtda esa ko‘plab tashlandiq joylar bo‘ladi. Xalqning o‘ndan biri qolsa ham Yondirib yuboriladi. Ammo qayrag‘och, eman daraxtlar kesilganda To‘nkalari qolgani kabi Undan ham to‘nka qoladi. Uning to‘nkasi Muqaddas urug‘dir.” Uzziyoning nabirasi, Yo‘tomning o‘g‘li Oxoz hukmronligi davrida Oram shohi Ratan va Ramaliyo o‘g‘li Isroil shohi Pekax Quddusga kelib, saf tortdilar. Ammo uni bosib ololmadilar. Dovud xonadoniga: “Oram lashkari Efrayim xalqi bilan ittifoq tuzibdi”, degan xabar yetib keldi. Shoh Oxoz hamda xalq shunchalik vahimaga tushdilarki, hammalari shamolda tebrangan daraxtday titradilar. Shunda Egamiz Ishayoga dedi: “Sen o‘g‘ling Sheryosub bilan katta yo‘lga chiqqin. U yo‘l kir yuvuvchining dalasi tomon ketgan. Yuqori hovuz arig‘ining oxiri bo‘lgan o‘sha joyda Oxozni kutib olib, unga shunday deb aytinglar: ‘O‘zingni bos, tinchlan, qo‘rqma! Oram shohi Ratan va Ramaliyo o‘g‘li g‘azabga mingan, ammo ularni deb qo‘rquvdan titramagin. Ikkovi ham yonib bitayotgan g‘o‘laday. Efrayim va Ramaliyo o‘g‘li bilan birga, Oram senga qarshi fitna qilib, shunday dedi: « Yahudoga bostirib boramiz. Xalqini vahimaga solib, qo‘lga olamiz. So‘ng To‘val o‘g‘lini Yahudo shohi qilib tayinlaymiz». Ammo Egamiz Rabbiy aytmoqda: «Bu fitna amalga oshmas, Bu hech qachon yuz bermas. Oramning boshi Damashqdir, Damashqning boshi Ratandir, Oltmish besh yildan so‘ng Efrayim Qirilib bitar, aslo xalq bo‘lmas. Efrayimning boshi Samariyadir, Samariyaning boshi Ramaliyo o‘g‘lidir. Agarda so‘zimga ishonmasangiz, Mustahkam tura olmaysiz».’” Egamiz yana Oxozga shunday dedi: — Men, Egang Xudodan o‘zingga nishona so‘ra, o‘sha nishona o‘liklar diyoridan chuqur yoki falak toqidan baland bo‘lsin. Shunda Oxoz: — So‘ramayman, Egamni sinamayman, — dedi. Shunda Ishayo dedi: — Eshiting, ey Dovud xonadoni! Odamlarni bezdirganingiz sizlarga kamlik qilganday, Xudoyimni ham bezdirasizlarmi?! Endi Rabbiyning O‘zi sizlarga nishona beradi: ana, qiz homilador, u o‘g‘il tug‘adi va Uning ismini Immanuil qo‘yadi. O‘sha bola yomonni rad etib, yaxshini tanlashni biladigan yoshga yetganda qatiq va asal yeydi. Ha, o‘sha vaqt kelmasdan oldin, sizlarni vahimaga solayotgan ikkala shohning yerlari tashlandiq bo‘ladi. Egam sizning va xalqingizning, ota–bobolaringizning xonadoni boshiga shunday kunlarni soladiki, Efrayim Yahudodan ajralib chiqqandan beri bunday kunlar ularning boshiga tushmagan: evoh, Ossuriya shohi kelmoqda! O‘sha kuni Egam Misr daryolarining yuqori oqimidagi pashshalarga, Ossuriya yurtidagi arilarga ishora qiladi. Shundan keyin ularning hammasi kelib, chuqur soyliklarga, qoyalarning yoriqlariga joylashadilar. Hamma chakalakzorlarga, hamma yaylovlarga o‘rnashib oladilar. O‘sha kuni Rabbiy Ossuriya shohini ishlatadi. U Rabbiyning qo‘lida Furot daryosining ortida kiraga olingan ustara kabi bo‘ladi. Ha, soqolingizni butunlay qirib tashlaydi, boshu oyog‘ingizda birorta tuk qolmaydi. O‘sha kuni bir odam ikki qo‘y va bir g‘unajinni tirik saqlab qoladi. U odamda shuncha ko‘p sut bo‘ladiki, u suzma qatiq yeydi. Yurtda qolganlarning hammasi suzma qatiq va asal yeydi. Ming kumush tangaga arziydigan, toklarga to‘la bir uzumzor bor. O‘sha kuni mana shu uzumzor ham chakalakzoru tikanzorlarga aylanadi. Shundan keyin odamlar u yerga kamonu o‘qlari bilan boradigan bo‘ladi. Bir zamonlar ishlov berilgan, ekin ekilgan barcha tepaliklarga endi sizlar bormaysizlar. Axir, chakalakzoru tikanzorlardan qo‘rqasizlar–da. U yerlarda mollar o‘tlaydi, u yerlarni qo‘y–echkilar toptaydi. Shunda Egamiz menga aytdi: — Katta lavha olib, unga: “Moxirshalolxoshbozga tegishli”, deb tushunarli qilib yoz. Men ruhoniy Uriyo bilan Yabarakiyo o‘g‘li Zakariyoni O‘zimga ishonchli guvohlar qilib tayinlayman. Shundan keyin men xotinim bilan yotdim. U homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. Shunda Egamiz menga dedi: — Uning ismini Moxirshalolxoshboz, deb qo‘y. Bola hali “ota”, “ona”, deb aytishni o‘rganmasdan oldin, Ossuriya shohi Damashqning boyliklarini va Samariyadan tortib olgan o‘ljalarini olib ketadi. Egamiz yana menga gapirib: — Bu xalq tinch oqadigan Shilo‘vax suvlaridan voz kechdi, Ratan va Ramaliyo o‘g‘li Pekaxdan ko‘ngillari shod bo‘ldi, — dedi. — Shuning uchun, Men, Rabbiy, xalqimga qarshi Ossuriya shohini va uning butun shavkatli lashkarini boshlab kelmoqdaman. Ular Furot daryosining bahaybat to‘lqinlari kabidir. Hamma irmoqlardan oshib, hamma qirg‘oqlardan toshib ketadi. Sel kabi Yahudoni bosadi, uning bo‘g‘ziga yetib keladi. Ey Immanuil! Yoyilgan qanotlari butun yeringni to‘ldiradi! Ey xalqlar, yig‘ilavering, halokatga yo‘liqasiz! Ey jamiki uzoq yurtdagilar, eshiting! Belingizni bog‘layvering, ammo halokatga yo‘liqasiz! Belingizni bog‘layvering, ammo halokatga yo‘liqasiz! Puxta reja qilavering, ammo puchga chiqadi, So‘z beravering, ammo amalga oshmaydi, Chunki Xudo biz bilandir! Egam qudrati bilan meni O‘ziga tortib, menga ko‘rsatma berdi: — Bu xalqning yo‘lidan bormanglar. Bu xalq, isyon, deb aytadigan hamma narsani sizlar, isyon, deb bilmanglar. Ularni qo‘rquvga soladigan narsalardan sizlar qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar. Sizlar Men, Sarvari Olamni muqaddas deb izzat qilinglar. Faqat Mendan qo‘rqing, faqatgina Men sizni vahimaga solay. O‘shanda Mening O‘zim panoh bo‘laman. Ammo Isroilning ikkala xonadoni uchun Men qoqiltiradigan tosh, to‘sqinlik qiladigan qoya, Quddus aholisi uchun tuzoq va to‘r bo‘laman. Ulardan ko‘plari qoqiladi, yiqilib, burda–burda bo‘ladi. Ular tuzoqqa tushib, asir bo‘ladi. Dalilimni o‘rab bog‘la, shogirdlarim orasida ta’limotimni muhrla. [17-18] Sarvari Olam Sion tog‘ida maskan qilgan. U Yoqub xalqidan yuzini yashiryapti, ammo men Uni kutaman, umidim Undadir. Mana, qarang, Egam bergan farzandlarim bilan birga men shu yerdaman! Isroilda biz belgi va nishonamiz. *** Xalqlar sizlarga: “Otalar ruhiga, folbinlarga, azayimxonlarga va afsungarlarga boringlar”, deb aytsalar, sizlar o‘z Xudoyingizga bormaysizmi?! Axir, tiriklar o‘liklardan nasihat izlab boradimi?! Shunday deganlarga yorug‘lik bo‘lmaydi. Xudoning yo‘l–yo‘riqlari va ta’limotiga maslahat soling. Ular bu yurt bo‘ylab o‘tadi, ular och, iztirobda. Och qolib, g‘azablanib, shohini va xudolarini la’natlaydi. Yuqoriga qaraydi, yerga qaraydi. Ana, kulfat va zulmat, g‘am va ofat. Ular yo‘q bo‘lib ketadi. Biroq kulfatli joyda endi azob bo‘lmaydi. Boshida Zabulun va Naftali yurti sharmanda bo‘lgan edi. Ammo kelajakda o‘sha dengiz bo‘yi, Iordanning narigi tomonidagi g‘ayriyahudiylar Jalilasi ulug‘lanadi. Zulmatda yurgan xalq yorqin ziyoni ko‘rdi, O‘lim soya solgan yurt aholisi ustiga nur sochildi. Bu xalqni Sen ko‘paytirgansan, Ularga ko‘p shodlik ato qilgansan. Hosil paytidagi mamnunlik kabi, O‘ljalarin bo‘lishib olgan paytdagi kabi, Ular huzuringda quvonchga to‘lgan. Bu xalqning og‘ir bo‘yinturug‘ini, Yelkasidagi tayog‘ini Sen sindirib tashlagansan. Zolimlarning kaltagini Midiyon xalqi kabi Mag‘lub qilgansan. Jangda kiyilgan etiklar, Qonga belangan hamma kiyim Olovga tashlanib, yoqilajak. Mana biz uchun bola tug‘ildi, O‘g‘il bizga berildi. Hukmronlik Uning zimmasidadir, Nomi Ajoyib maslahatchi, Qudratli Xudo, Abadiy ota, Tinchlik shahzodasidir. Dovudning taxtida Uning hukmronligi ortib boraveradi. Tinchlik to abad hukm suradi. Hozirdan boshlab, to abad Adolat va solihlik ila Shohligini mustahkamlab, barqaror qiladi. Sarvari Olam jon kuydirib, Buni bajo aylaydi. Yoqub nasliga qarshi Rabbiy bir so‘z yubordi, Uning so‘zi Isroil xalqiga yetib keldi. Efrayimda, Samariyada yashaydiganlar, Jamiki xalq bundan xabardor bo‘ldi. Ular dimog‘dorlik, kiborlik ila aytmoqda: “G‘ishtin imoratlar vayron bo‘lsa, Yo‘nilgan toshlar bilan quramiz. Shikamora–anjir daraxtlari kesilgan bo‘lsa, Ularning o‘rniga sadr daraxtlari ekamiz.” Ana, Oram shohi Ratanga qarshi Egam uning dushmanlarini qo‘zg‘atdi, G‘animlarini da’vat qildi. Sharqdan Oramlar, g‘arbdan Filistlar Og‘izlarin katta ochib, Isroilni yutib yubordi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan. Bu xalq Sarvari Olamga yuz burmadi, Jazo berganga qaytmadi. Shunda Egam bir kunda Isroildan boshini va quyrug‘ini, Xurmosini va foydasiz qamishini kesib oldi. Oqsoqollar, amaldorlar boshdir, Soxta payg‘ambarlar quyruqdir. Ular bu xalqni yo‘ldan adashtirgan, Ularga ergashganlar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Hammasi shakkok, qabihlik qilar, Barcha og‘izlardan ahmoqona so‘z chiqar. Rabbiy yoshlardan mamnun bo‘lmadi, Yetim, bevalarga shafqat ko‘rsatmadi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan. Fosiqlik olovga o‘xshab yonar, Yeb bitirar butazoru tikanzorlarni. O‘rmondagi changalzorlarni yondirib, Balandlarga tutunini o‘rlatadi. Sarvari Olamning qahridan Yurt yonib bitar, Xalq olovga yonilg‘i bo‘lar, Odam o‘z yaqiniga shafqat qilmas. O‘ng tarafga hamla qilar, Ammo och qolaverarlar. Ha, chap tarafda, yutaman, der, Ammo to‘ymaslar. O‘z qo‘lining go‘shtini yeydi insonlar. Manashe qabilasi yeydi Efrayim qabilasini, Efrayim esa Manasheni, Ikkovi birlashib Yahudoga hujum qiladi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan. Ey siz, yovuz farmonlar chiqaradiganlar, Qonunlar yozib, jabr keltiradiganlar. Kambag‘alni adolatdan mahrum qilyapsiz, Mazlum xalqimni talayapsiz, Ovingiz bo‘layotir bevalar, O‘ljangiz bo‘layotir yetimlar. Qiyomat kuni kelganda, siz nima qilasiz? Uzoqdan balo kelganda, nima qilasiz? Yordam so‘rab kimga qochib borasiz?! Boyligingizni qayerga olib ketasiz?! Yo‘q, asir bo‘lib yiqilib qolasiz, Yo jasadlar tagida qolib ketasiz. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan. Egam aytar: “Mana Ossuriya! G‘azabimning hassasi! Uning qo‘lidadir qahrimning tayog‘i! Men uni shakkok elga qarshi yuboraman, G‘azabimni o‘sha xalqqa qarshi sochaman, Ovlab, o‘lja qil, deb unga amr qilaman. Xalqlarni loyday oyoq osti qiladi u. Uning fikri–yodi Xalqlarni qirib tashlashdir, Bitta qo‘ymay ularni yo‘q qilishdir. Ammo Ossuriya faqat buni xayol qilmagan, Bular haqida o‘ylamas ham. Ossuriya shohi shunday o‘ylaydi: ‘Lashkarboshilarim shohlar emasmi?! Xalno shahrini Karxamish shahriday vayron qilmadikmi?! Xomat ham Arpadday quladi–ku! Samariya Damashq kabi emasmi?! Olganimday behuda butlar shohliklarini, Olaman Quddusu Samariyaning sanamlarini. Ne qilgan bo‘lsam Samariya va uning sanamlarini, Shunday qilaman Quddusu uning butlarini.’” Ammo Sion tog‘ida va Quddusda Rabbiy hamma ishlarini tugatib bo‘lganda, shunday deydi: “Ossuriya shohi bilan uning takabburligi, kiborlarcha boqishlari natijasiga qarab, hisob–kitob qilaman. Ossuriya shohi shunday degan edi: ‘O‘z kuchim bilan bularni amalga oshirdim, Donoligim bilan qildim, axir, idrokliman. Xalqlarning chegarasini yo‘q qildim, Ularning xazinalarini o‘lja qilib oldim. Qudratli shohlarini taxtdan uloqtirdim. Qush iniga qo‘l suqib tuxum yiqqan kabi, Xalqlarning boyliklarini to‘pladim. Tashlab ketilgan tuxumlarni qanday to‘plasalar, Jamiki yurtlarni men shunday yig‘ib oldim. Yo qanot qoqqan, og‘zin ochgan, Yo ovozin chiqargan birov bo‘lmadi.’” Bolta maqtanarmi uni ishlatganga?! Arra o‘zini maqtaydimi uni qo‘lga olganga?! Kaltak ushlaganni kaltakning o‘zi ko‘taradimi?! Hassa o‘zini ushlaganni ko‘taradimi?! Shu bois Sarvari Olam — Rabbiy Og‘ir xastalikni yuborar pahlavonlaringiz orasiga. Ular avjda ekan, badanidan o‘t chiqadi, Ular go‘yo lov–lov etib yonadi. Shunda Isroilning nuri yolqin bo‘ladi, Isroil xalqining muqaddas Xudosi olov bo‘ladi. Olov yondirib, tikanzoru changalzorlarini Bir kunda yamlab yutadi. Uning o‘rmonlarining faxri Va unumdor dalalari Og‘ir xastalikka yo‘liqqan insonday, Tamomila xarob bo‘ladi. Shunchalik oz qolarki o‘rmonidagi daraxtlar, Hattoki yosh bola ham ularni sanay oladi. O‘sha kuni Isroilning qolgan–qutgani, Yoqub xonadonining qutulganlari Boshqa suyanmaydi o‘z zulmkorlariga, Ular sadoqat bilan tayanadi Isroil xalqining muqaddas Xudosi — Egamga. Yoqub naslining qutulganlari, omon qolganlari Qaytadi Qudratli Xudoga. Ey Isroil, sening xalqing Dengiz qumiday ko‘p bo‘lgan bo‘lsa ham, Endi ulardan bor–yo‘g‘i sanoqli odamlar qaytadi. Zero, “Qirg‘in bo‘lsin”, deya qaror qilingan, Xudo odil hukmni O‘z xalqining boshiga soladi. Shubhasiz, butun yer yuzida qiyomat bo‘ladi, zotan, Sarvari Olam — Rabbiy shunday qaror qilgan. [24-25] Shu bois Sarvari Olam — Rabbiy shunday aytmoqda: “Ey xalqim, Quddus ahli! Misrliklar kabi Ossuriyaliklar sizlarga tayoq ko‘taradilar, sizlarni qamchi bilan uradilar. Ammo hademay g‘azabimni bosaman, ulardan qo‘rqmanglar. Endi Ossuriyaliklarga qahrimni sochib, ularni qiraman. *** Ha, Midiyonlarni Oriv qoyasida shunday qirgan edim. Hassamni ko‘tarib, Misr lashkarini dengizda g‘arq qildim. Endi xuddi shunday qilib, Men, Sarvari Olam, ularga qarshi qamchimni ko‘taraman. O‘sha kuni Ossuriyaning yukini yelkangizdan uloqtiraman. Uning bo‘yinturug‘i bo‘yningizdan olib tashlanadi. Ha, bo‘yinturuq yo‘q qilinadi, chunki sizlar kuchga to‘ldingiz.” Ossuriya lashkari Oyaz shahriga keldi, Migron bo‘ylab o‘tdi, Qurol–aslahasini Mixmashda shay qildi. Ular G‘ibo so‘qmog‘ini kesib o‘tdilar–u, Rama xalqi vahimaga tushib qoldi, Ular Shoulning shahri Givoda omonat to‘xtadi–yu, Shahar ahli qochib ketdi. Faryod qiling, ey Galim ahli! Eshit, ey Laysho! Ey sho‘rlik Onoto‘t! Madmenax ahli qochib ketdi, Gebim ahli, panoh topay, deb uchib ketdi. O‘sha kuni u Nav shahrida turadi. Quddus shahri joylashgan tepalik — Aziz Sion tog‘iga qarab qo‘l ko‘taradi. Qara, Sarvari Olam — Rabbiy Qudratli kuchi ila shoxlarni kesib tashlaydi, Baland daraxtlarni qirqib tashlaydi, Yuksalganlarini yerga uradi. U bolta bilan kesib tashlaydi o‘rmondagi changalzorni, Qudratli Xudo qulatib yuboradi Lubnon daraxtlarini. Essayning tomiridan novda o‘sib chiqadi, Ha, uning ildizidan ko‘chat yoyiladi. Uning ustida bo‘ladi Egamizning Ruhi. Bu donolik hamda aql–idrok, Nasihat va kuch–qudrat Ruhidir, Egamizni bilish va Undan qo‘rquv Ruhidir. O‘sha Essay farzandi Egamizdan qo‘rqishdan zavq olar, Hukm qilmas ko‘zlari ko‘rgani ila, Ajrim qilmas eshitganlari ila. U adolat ila bechorani hukm qiladi, To‘g‘rilik ila yer yuzi mazlumlarini ajrim qiladi. Bir og‘iz so‘zi bilan zolimni jazolaydi, Nafasi ila fosiqni o‘ldiradi. Adolat uning belidagi kamar bo‘ladi, Haqqoniyat uning belidagi belbog‘ bo‘ladi. Shunda bo‘ri qo‘zi bilan yashar, Sirtlon bilan uloqcha birga yotar, Buzoq, sher, bo‘rdoqi birgadir, Yosh bola ularni yetaklab yurar. Sigir bilan ayiq birga o‘tlaydi, Bolalari ham birga yotadi, Sher ho‘kizga o‘xshab somonni yeydi. Go‘dak qora ilon uyasi ustida o‘ynar, Chaqaloq qo‘lini ilon iniga suqar. Muqaddas tog‘imning gir atrofida Ular zarar keltirmas yo chaqmas. Ha, suvlar to‘ldirganiday dengizni, Yer yuzi to‘liq biladi Egamizni. Mana, Essayning ildizidan chiqqan shoh o‘sha kuni xalqlarga bayroq bo‘lib turadi. Elatlar uni izlab keladilar, Uning maskani ulug‘vorlikka to‘ladi. O‘sha kuni Rabbiy qo‘lini ikkinchi marta uzatadi. U O‘z xalqidan qolganlarini qutqaradi. Ularni Ossuriyadan, Misrning shimoliy va janubiy hududlaridan, Habashistondan yig‘ib keladi. Elamdan, Bobildan, Xomatdan va dengiz sohillaridan olib keladi. Elatlarga U belgisini ko‘rsatib, Isroilning quvilganlarini to‘playdi. Yer yuzining to‘rt burchagidan yig‘adi Yahudoning tarqalib ketganlarini. Efrayimning hasadgo‘yligini qirqadi, Yahudoning xusumatini to‘xtatadi, Efrayim Yahudoga hasad qilmas, Yahudo Efrayimga xusumat qilmas. G‘arbda ular filistlarga changal soladi, Birgalikda Sharq xalqini talaydi, Edom, Mo‘ab ularga bo‘yin egadi, Ommon xalqi tiz cho‘kadi. Egamiz tamomila qirib yuborar Qizil dengizning qo‘ltig‘ini. Furot daryosiga qarshi qo‘l ko‘taradi. Garmsel keltirib, jizg‘anak qilib, Daryoni yetti sayoz irmoqqa bo‘lib tashlaydi, Irmoqlardan bir–bir hatlab o‘tsa bo‘ladi. Ha, Isroil Misrdan chiqqanda, Ularga yo‘l ochilganiday Egamizning xalqidan qolganlarga Ossuriyadan katta yo‘l ochiladi. O‘sha kuni sen aytasan: “Senga shukr aytaman, ey Egam, Mendan g‘azablangan eding, G‘azabing bosildi, ey Egam, Menga Sen tasalli berasan!” Sen yana aytasan: “Ha, Xudo najotimdir, Qo‘rqmasman, U mening umidimdir. Egam mening kuch–qudratimdir, U mening qutqaruvchimdir.” Shod bo‘lib, Najot chashmasidan suv olasiz. O‘sha kuni aytasiz: “Shukronalar aytaylik Egamizga. Sajda qilaylik Unga! Qilgan buyuk ishlarini Xalqlar orasida ovoza qilaylik, Nomi yuksalganini yodga solaylik!” Hamdlar ayting Egamizga! Butun yer yuzida bo‘lgan ovoza Uning qilgan ajoyib ishlari! Xitob qiling, hayqiring shodlikdan, ey Quddus ahli, Buyukdir orangizdagi Isroil xalqining Xudosi. Omiz o‘g‘li Ishayoga vahiyda Bobil to‘g‘risida ayon bo‘lgan bashorat. Yalang tepalik uzra ishora yuboring, Ularga qarab hayqiring! Qo‘llaringizni ko‘tarib, ularga ishora bering. Shunda ular aslzodalar darvozasiga kelar. Egam aytar: “Men O‘zim tanlaganlarga amr berib, Qahrimni ko‘rsatsin, deb jangchilarimni yig‘dim, G‘alabamdan sevinadiganlarni to‘pladim.” Qirlardagi olomonning tovushi O‘xshaydi buyuk xalqning ovoziga. Ana, shohliklarning shovqin–suroni! Elatlar yig‘ilmoqda. Sarvari Olam tayyorlamoqda Jang qilmoqqa lashkarini. Kelayotir ular uzoq yerlardan, Ha, osmon gumbazining bir burchidan. Egam va Uning g‘azab qurollari Qirib yuboradi butun yer yuzini. Faryod qil, Egamizning kuni yaqin! Ha, Qodir Xudo kulfat yuboradi! Hamma qo‘llardan darmon ketadi, Har bir inson vahimaga tushadi. Ular dahshatga tusharlar, Dardu iztirob ularni chulg‘ar, To‘lg‘oq tutgan ayolday bukchayib qolar. Bir–biriga qo‘rquv ichra qarar, Ularning yuzlari lovullab yonar. Mana, kelayotir Egamizning kuni! Alanga olayotir g‘azabu qahr, dahshat. Vayronaga aylantirar yer yuzini, Yer yuzidan qirib tashlar gunohkorlarni. Ha, samodagi yulduzlar, burjlar Taratmaydi o‘z yorug‘ligini. Quyosh chiqsa ham, zulmat bo‘ladi, Oy nurini sochmaydi. Egam aytar: “Olam bilan hisob–kitob qilaman qabihligi uchun, Fosiqlar bilan ularning gunohi uchun, Manmanlarning kiborligiga chek qo‘yaman, Takabburlarni dimog‘dorligi uchun yerga uraman. Insonni kamyob qilurman sof oltindan ham, Odamni Ofir oltinidan ham. G‘azabim alangalangan kun Samoni titratib yuborurman. Men, Sarvari Olamning g‘azabidan Zamin qo‘zg‘aladi o‘z o‘rnidan. Shunda inson ovdagi jayronday bo‘lar, Cho‘ponsiz qolgan suruvday bo‘lar, Har biri o‘z xalqiga qaytib ketadi, Har biri o‘z yurtiga qochib boradi. Topilganlarning har biri nayzaga ilinadi, Qo‘lga tushgan har kim qilichdan o‘tkaziladi. O‘zlarining ko‘z o‘ngida Chaqaloqlari tilka–pora bo‘ladi. Uylari talon–taroj bo‘ladi, Xotinlariga tajovuz qilinadi. Mana, Midiyaliklarni ularga qarshi qo‘yaman, Midiyaliklarga kumushning hech keragi yo‘q, Ular oltinni ham istamaslar. Ularning o‘qlari yoshlarni qiradi, Shafqat ko‘rsatmaydi ular bolalarga, Rahm qilmaydi ona qornidagilarga. Bobildir shohliklarning go‘zali, Bobilliklar ulug‘vorligining durdonasi. Ammo Men, Xudo, yer bilan yakson qilaman Xuddi Sado‘m, G‘amo‘ra kabi uni. Endi u yerda hech kim yashamas, To abad hech kim uni maskan qilmas. U yerda hatto chodir qurilmas, Cho‘ponlar suruvlarini o‘tlatmas. Ammo yovvoyi hayvonlar bu yerda yotar, Uylar yirtqichlar bilan to‘lar, U yerda boyqushlar joylashar, Echkilar u yerda shataloq otar. Uvullashar sirtlonlar qal’alarda, Chiyabo‘rilar go‘zal saroylarda. O‘sha vaqt yaqin orada keladi, O‘sha kun kelmasdan qolmaydi.” Ammo Yoqub xonadoniga Egam shafqat qiladi, U yana Isroil xonadonini tanlab oladi. Yoqub nasliga o‘z yerida orom beradi, Birlashadi musofirlar ular bilan, Qo‘shiladi Yoqub xonadoni bilan. Xalqlar o‘z yurtlariga Isroilni boshlab boradi, Ular Isroil xonadonining mulki bo‘ladi. Isroil Egamning yerida xalqlarni qul, cho‘ri qiladi. O‘zini asir qilganlarni Isroil xalqi asir qiladi, Zolimlar ustidan u hukmronlik qiladi. Egam sizni qayg‘u, qiy–chuvdan qutqarganda, sizga azob bergan og‘ir ishdan xalos qilganda, Bobil shohiga qarshi bu so‘zlarni qo‘llaysiz: “Mana, zolimning kuni bitdi–ya! Zo‘ravon tamom bo‘ldi–ya! Egam sindirdi fosiqlarning tayog‘ini, Hukmdorlarning hassasini! Bu hassa xalqlarni rosa urardi, To‘xtovsiz kaltaklardi, Xalqlarga g‘azab ila hukmronlik qilardi, Shafqat qilmay ta’qib qilardi. Jamiki zamin tinch, osuda, Ular sevinch ila qo‘shiq aytmoqda. Hatto sarv daraxtlari halokatingdan mamnun, Lubnon sadrlari ham aytar: ‘Endi sen chuqurda yotibsan, Hech kim bizni kesgani kelmas.’ O‘liklar diyori jonlanib qoldi: Ana, keldi, kutib olaylik, deya. Qara, uyg‘ondi seni deb Yer yuzi yo‘lboshchilarining ruhlari. Taxtlaridan oyoqqa qalqidi Jamiki xalqlarning shohlari. Ey Bobil shohi! Hammalari senga qarab aytadi: ‘Hatto sen ham bizday nochor bo‘lding–a, Bizning kunimiz tushdi sening boshingga.’ Ulug‘vorliging, kayfu safolar tovushi Uloqtirildi o‘liklar diyoriga! Ostingdagi qurtlar ko‘rpachangdir, Chuvalchanglar sening to‘shagingdir. Qanday qilib tushib ketding samodan, Ey Zuhra yulduz, Tong o‘g‘li?! Xalqlarni yerga uloqtirgan eding! Yerga qulab tushding–ku o‘zing! Ha, o‘zingcha aytgan eding: ‘Men chiqib boraman samolarga, Taxtimni ko‘taraman Xudoning yulduzlari tepasiga. O‘tiraman xudolar yig‘iladigan tog‘da, Shimolning eng chekkasida. Bulutlar tepasiga chiqib boraman, Xudoyi Taoloday bo‘laman.’ Ammo sen uloqtirilgansan o‘liklar diyoriga, Chuqurlikning tub–tubiga. Ko‘rganlar senga tikilib qoladi, Ko‘ngillarida shunday o‘y kechadi: ‘O‘sha odammi bu zaminni titratgan, Shohliklarni larzaga solgan?! Shumi olamni sahroga aylantirgan?! Shaharlarni yer bilan yakson qilgan, Asirlarni qo‘yib yubormagan?!’ O‘zlarining qabrlarida har biri, Xalqlarning shohi bo‘lganlarning hammasi Hurmat bilan yotibdi. Ammo sen uloqtirilgansan Jirkanch chirik shoxchaday qabringdan. Tosh chuqurga tushadigan jasadlar, Qilichdan qulagan jasadlar Bo‘lar sening kafaning. Axir, o‘z yurtingni vayron qilgansan, Xalqingni o‘zing o‘ldirgansan. Endi ular qatori dafn qilinmassan. Ey fosiq, sening nasling To abad tilga olinmas! Otasining gunohlari uchun O‘g‘illarini jallodga topshiring. Ular aslo ko‘tarilmas. Endi yerga egalik qilmas, Yer yuzida shaharlar barpo qilmas.” Quyidagilar Sarvari Olamning so‘zidir. “Men Bobilga qarshi qo‘zg‘alaman. Men Bobildagilarning nomini ham, qolgan–qutganini ham, urug‘–aymog‘ini ham yo‘q qilaman”, — deb aytmoqda Egamiz. “Men Bobilni tipratikanlarga mulk qilib beraman. Uni botqoqqa aylantiraman. Xarobazor qilib, supurib tashlayman”, — deb aytmoqda Sarvari Olam. Sarvari Olam ont ichib aytdi: “Ha, Mening belgilaganim bajo bo‘ladi, Mening rejalashtirganim yuz beradi. Ossuriya xalqini O‘z yerimda sindiraman, Tog‘larimda uni oyoq osti qilaman. Uning bo‘yinturug‘i yurtimdan olinadi, Yuki Isroilning yelkalaridan uloqtiriladi. Butun olam uchun shu rejani tuzdim, Butun xalqlarga qarshi qo‘limni ko‘tardim.” Sarvari Olam reja qilgan! Qani, buni kim bekor qila oladi?! Uning qo‘li ko‘tarilgan! Qani, uni kim ortiga qaytara oladi?! Shoh Oxoz vafot etgan yili bu bashorat ayon qilindi: “Bizni urgan tayoq sindi”, deb Sevinmangiz, ey Filistlar! Axir, ilonning tuxumidan qora ilon chiqadi! Uning bolasi vahimali ajdar bo‘ladi! Mana, qashshoqlarning to‘ng‘ichi to‘yyapti, Muhtojlar eson–omon yotibdi. Ammo sizning ildizingizni ochlikdan quritaman, Qolgan–qutganlaringiz esa qirilib ketasiz. Ey Filistlar, hammangiz Azadan adoyi tamom bo‘lasiz. Faryod qil, ey darvoza! Yig‘la, ey shahar! Shimoldan urush hidi chiqayotir, O‘sha lashkar safdan chiqmay kelayotir. Xalqlarning elchilariga qanday javob berilar? “Egamiz Quddusni barqaror qildi. O‘z xalqi orasida muhtoj bo‘lganlar U yerda panoh topadi”, — javob shudir. Mo‘ab haqida bashorat. Vayrona bo‘ldi tunda, Mo‘abdagi Or shahri nidosiz yotar. Vayrona bo‘ldi tunda, Mo‘abdagi Xir shahri nidosiz yotar. Mo‘ab xalqi o‘z xudosining uyiga chiqdi faryod qilgani, Ha, Dibonliklar sajdagohiga chiqdi nola qilgani. Har birining boshi qirilgan, Har birining soqoli olingan, Navo va Midavo shaharlari uchun Mo‘ab nola chekar. Ko‘chalarda xalq qanorga o‘rangan. Tomlarda, xiyobonlarda faryod qilib, Hammasi ko‘z yoshlarini to‘kar. Xashbon, Elaley ahli faryod chekar, Ularning ovozi Yaxazgacha eshitilar. Mo‘abning qurollanganlari faryod etar, Ular qo‘rquvdan qaltirar. Yuragim Mo‘ab uchun faryod qiladi, Qochoqlar qochib borar Zo‘varga, Eglat–Shalishiyo shahriga. Luxit tepaligiga ham ular yig‘lab boradi. Hatto Xo‘ronaym yo‘lida Ular halokat tufayli fig‘on chekadi. Ha, o‘tlar qurib ado bo‘ldi, Maysalar tamom bo‘ldi. Yashillikdan asar qolmadi, Nimrim suvi xarob bo‘ldi. Endi ular o‘zlari erishgan boyliklarni, O‘zlarining hamma mol–mulklarini Arabim soyligi orqali olib ketadi. Faryod yetib borgan Exlayim shahrigacha, Yig‘i yetib borgan Ber Elim shahrigacha, Mo‘ab yurti ohu nolaga to‘ldi! Ana, Dibondagi suvlar qon bilan to‘la! Ammo endi Xudo Dibonga battarini qiladi. Mo‘abning qochib qutulganlariga, Yurtdagi qolgan–qutganlarining boshiga Sherlarni olib kelaman. Qo‘zilar yuborgin yurtning hukmdoriga, Sahro yo‘li orqali, Sela shahridan aziz Sion tog‘iga. Xuddi darbadar qushlarday Bo‘lib qolar axir, Mo‘ab ahli. Uloqtiriladi qush uyasi Arnon soyligi kechuviga. Ular shunday deydi: “Maslahat ber bizga, qaror chiqar! Kunning o‘rtasida soyangni tun kabi tushir. Yashirgin quvilganlarni, Oshkor qilma qochoqlarni! Qochoqlarimiz orangizda yashasin, Qirg‘in keltiruvchi zo‘ravonlardan Mo‘abga boshpana bo‘lgin.” Zolimlar yo‘q bo‘lganda, Zo‘ravonlik barham topadi. Talonchilar yurtdan g‘oyib bo‘ladi. Taxt o‘rnatilar sadoqat ila. Taxtda o‘tirar haqiqatgo‘y bir hukmdor. Bu hukmdor Dovud xonadonidan kelib chiqar. U adolatparvar, odillik bilan hukm chiqarar. Ha, eshitganmiz Mo‘abning mag‘rurligini, Uning kiborligi, chiroyi, boyligini! Naqadar mag‘rurdir u! Ammo bularning hammasi yolg‘on! Endi Mo‘ab faryod cheksin, Hamma Mo‘ab uchun nola qilsin. Ha, o‘sha Xir–Xarasot mayizlarini Qo‘msab, aza tutasiz. Mana, holdan toydi Xashbon dalalari, Sivmo uzumzorlari ham. Xalqlarning hukmdorlari ezgan Sivmoning uzum boshlarini. Ular Yazirgacha yetib bordilar, Ular sahroda kezib yurdilar. Novdalari bir vaqtlar o‘sib ketib, Dengizdan ham oshib o‘tdi. Shu bois Yazir yig‘laganda, men ham yig‘layman, Ey Sivmo uzumzorlari! Ko‘z yoshlarim ila sizlarni shalabbo qilaman, Ey Xashbon, Elaley shaharlari! Axir, yozgi hosilingiz barham topdi, Don hosili paytidagi o‘yin–kulgilar to‘xtadi. Shodlik, xursandchilikka Barham berilgan bog‘larda, Uzumzorlarda qo‘shiq aytilmas, Shodlik qiyqiriqlari ko‘tarilmas. Uzum siqish chuqurlarida Ishlaydigan hech kim qolmas. Shodlik qiyqiriqlarini Xudo bostirdi. Shu bois yuragim Mo‘ab uchun Arfa kabi nola qilar. Xir–Xarasot uchun vujudim faryod chekar. Mo‘ab xalqi kelib, o‘zini toliqtirsa ham, Sajdagohiga kelib, iltijolar qilsa ham, Hech narsaga erishmas. Rabbiy bu so‘zlarni ilgaridan aytgan edi Mo‘ab haqida. Endi Rabbiy aytar: “Hozir juda ko‘p bo‘lganiga qaramay, uch yildan keyin yollangan ishchining muddati kabi, Mo‘abning obro‘si to‘kilar. Xalqidan qolganlari esa juda oz, zaif bo‘lar.” Damashq haqida bashorat. “Ana, Damashq endi shahar bo‘lmaydi! U vayronalar uyumiga aylanadi! Aror shaharlari tark etiladi, Suruvlar maskaniga aylanadi, Hech kim ularni hurkitmaydi. Efrayim yurtining qal’asi yo‘q bo‘ladi, Damashqning shohligi ketadi. Oram xalqining qolganlari g‘oyib bo‘ladi, Bularning hammasi Isroil xalqining Shuhrati singari barham topadi, — deb aytmoqda Sarvari Olam. — O‘sha kuni Yoqub naslining shuhrati yo‘qoladi, Tanasi ozib–to‘zib ketadi. Mana, o‘roqchilar boshoqlarni o‘rib oladi, O‘z qo‘llari bilan don hosilini yig‘ishtirib oladi. O‘sha dalalarda terilgan bug‘doy boshoqlariday Rafa soyligida Yoqub naslidan ham oz qoladi. Ha, zaytun daraxti qoqilganda Daraxt uchida ikki–uch meva qolganday, Hosildor shoxchalarda to‘rt–besh meva qolganday O‘sha boshoqlarda bir–ikki don qoladi”, — deb bashorat qilar Isroil xalqining Xudosi — Egamiz. O‘sha kuni har odam Yaratganga qaraydi, ularning ko‘zlari Isroil xalqining muqaddas Xudosini ko‘radi. Inson qurbongohlarga, qo‘llarining ijodiga qaramaydi, o‘z qo‘li bilan yasagan narsalar — Asheraga atalgan ustunlarni, tutatqi qurbongohlarini ko‘rmaydi. O‘sha kuni mustahkam shaharlari o‘rmonlardagi tashlandiq joylarga o‘xshab qoladi. Odamlar tashlab ketgan qir tepaliklar kabi bo‘ladi. Isroil xalqi dastidan bu shaharlar xarobazorga aylanadi. Axir, sen najotkoring Xudoni unutding, Panoh bo‘ladigan Qoyangni eslamading. Mana, sen yoqimli o‘simliklar ekasan, Begona ko‘chatlarni o‘tqazasan. Ularni avaylab–asrab o‘stirasan, Tongda urug‘dan kurtak chiqartirasan, Ammo hosiling xastaligu og‘ir dard bo‘lar. Qarang, xalqlarning ko‘pligini! Ular dengiz kabi guvullaydi! Lashkarlarning hayqirig‘i To‘lqinlar tovushiday balanddir. Ammo Egam ularga tanbeh beradi, Xalqlar ham to‘lqinlar kabi yo‘qolib ketadi. Ular uzoqlarga qochib qoladi. Tog‘lardagi shamolda uchgan xas–cho‘p kabi quviladi, Quyun oldidagi girdob kabi haydaladi. Oqshom payti! Qaranglar, kulfat! Tong otmasdan ular yo‘q bo‘lib ketadi. Bizni talaydiganlarning qismati shunday bo‘ladi, Bizdan tortib olganlarga mana shu nasib qiladi. Holingga voy! Ey Habashiston daryolari ortidagi Qanotlar guvullashiga to‘lgan yurt! Nil daryosi orqali xabarchilarini jo‘natadigan, Dengiz orqali papirus kemalarini yuboradigan yurt! Sening holingga voy! Boringlar, ey chaqqon xabarchilar, Baland bo‘yli, tiniq terili xalqqa, Uzoqdan ham, yaqindan ham qo‘rqinchli bo‘lgan xalqqa, Kuchli, zabt etuvchi xalqqa, Yurtida daryolari bor xalqqa. Ey olam ahli, yurt xalqi! Tog‘larda bayroq ko‘tarilganda, ko‘rasiz, Burg‘u chalinganda, eshitasiz. Mana, Egam menga shunday demoqda: “Qoq tushda kuydiray, degan yorqin quyosh nuri kabi, Hosil mavsumida osmonni bosay, degan qora bulut kabi Endi jim bo‘lib, O‘z maskanimdan kuzatib turaman.” Hosil yig‘ilmasdan oldin, g‘uncha ochilganda, Uzum pishib yetilay deganda Egam novdalarni tok qaychi ila kesadi, Kurtaklarni esa uzib tashlaydi. Ularning hammasi qolib ketadi Tog‘lardagi yirtqich qushlarga, Dashtdagi yovvoyi hayvonlarga. Ular yem bo‘ladi yozda yirtqich qushlarga, Qishda yovvoyi hayvonlarga. O‘sha paytda hadyalar keltirar Sarvari Olamga Baland bo‘yli, tiniq terili Habash xalqi, Uzoqdagilar ham, yaqindagilar ham qo‘rqadigan xalq, Kuchli, zabt etuvchi xalq, Yurtida daryolari bo‘lgan xalq. Ha, bu xalq hadyalar keltirar Sion tog‘iga Sarvari Olamga atalgan joyga. Misr haqida bashorat. Ana, Egam minib olgan uchqur bulutga, U keladi Misrga. Misrning behuda butlari Uning oldida titrar, Misrning yuragi esa orqaga tortar. “Misr xalqini bir–biriga sapchitaman. Aka–ukalaru do‘stlar, Shaharlaru shohliklar Bir–biriga qarshi chiqar. Misrdagi ruhlar bitta qolmay qochib ketadi. Men Misrning rejayu niyatlarini puchga chiqaraman. Ular qidirib qolar Behuda butlarniyu sehrgarlarni, Folbinlaru otalari ruhlarini. Men Misrni berahm xo‘jayinlarga topshiraman, Ha, kuchli shoh ularni boshqaradi”, — demoqda Sarvari Olam — Rabbiy. Nil suvi qurib qoladi, Daryo qurib boraveradi, U jizg‘anak yer bo‘ladi. Oqar suvlar badbo‘y hid chiqaradi, Misrdagi Nil pasayib, quriydi. Poyalaru qamishlar chiriydi. Nil qirg‘og‘idagi, daryo bo‘yidagi qamishlar, Nil bo‘yiga ekilgan hamma ekinlar Qurib ketadi, sovuriladi, Ulardan hech narsa qolmaydi. Baliqchilar aza tutar, Nilga qarmoq tashlaganlar yig‘lar, Suvga to‘r yoyganlar umidsiz bo‘lar. Zig‘ir tolasiga ishlov beradiganlar Sharmanda bo‘ladilar, Oq mato to‘qiydiganlar Uyatga qolib ketadilar. Ularning dastgohlari ishdan chiqadi, Barcha ishchilari tushkunlikka tushadi. Ey Zo‘van shahzodalari, g‘irt ahmoqsiz axir, Ey Fir’avn maslahatchilari, sizning donoligingiz ham shunday. Maslahatlaringiz daf bo‘ladi. Qanday qilib siz fir’avnga: “Biz donolarning o‘g‘limiz, Qadim shohlar naslidanmiz”, deya ayta olasiz?! Ey Fir’avn, qani o‘sha dono odamlaringiz?! Sarvari Olam Misrga nima reja qilganini Ular sizga bildirsin, aytsin. Mana, Zo‘van shahzodalari ahmoq bo‘ldilar, Nuf shahzodalari aldandilar. Misrni o‘z qabila boshliqlari yo‘ldan urdilar, Ularning aqlini Egam chalkashtirdi, Qusig‘iga dumalaydigan mast qanday bo‘lsa, Misrni ular shunday yo‘ldan ozdirar. Misrga hech kim yordam bera olmas, Na boshi, na quyrug‘i, na xurmosi, na qamishi. O‘sha kuni Misr xotin kishiga o‘xshab qoladi. Sarvari Olam unga qarshi qo‘lini ko‘taradi, shunda Misr titrab dahshatga tushadi. Yahudo Misrliklarni dahshatga soladi. Sarvari Olam ularni vahimaga solganini eslagan har bir odam dahshatga tushadi. O‘sha kunga kelib, Misrdagi beshta shahar ibroniy tilida gapiradigan bo‘ladi. Ular Sarvari Olam oldida ont ichadilar. Bu shaharlardan biri “Quyosh shahri”, deb ataladi. O‘sha kuni Misrning o‘rtasida Egamiz uchun bir qurbongoh, chegarada bir muqaddas tosh o‘rnatiladi. Bular Sarvari Olam uchun Misrda bir belgi va guvoh bo‘ladi. Xalq zolimlar dastidan yolvorganda, Egamiz ularni qutqaradigan bir himoyachi yuboradi. U xalqni qutqaradi. Egamiz O‘zini Misrliklarga zohir qiladi. Misrliklar ham o‘sha kuni Uni taniydilar. Egamizga qurbonliklar keltirib, nazrlar atab, sajda qiladilar. Unga va’da berib, va’dalarini ado etadilar. Egamiz Misrliklarni xastalik keltirish bilan jazolaydi, keyin shifo beradi. Ular Egamizga yolvoradilar, Egamiz ularga shifo beradi. O‘sha kuni Misr bilan Ossuriya o‘rtasida bir yo‘l bo‘ladi. Ossuriyalik Misrga, Misrlik Ossuriyaga borib kelaveradi. Ossuriyaliklar bilan Misrliklar birgalikda sajda qiladilar. O‘sha kuni Misr bilan Ossuriya qatorida Isroil uchinchi xalq bo‘ladi. Uchalovi yer yuziga baraka bo‘ladi. Ha, Sarvari Olam shunday degan: “Baraka topinglar! Ey xalqim Misr, qo‘llarimning ijodi Ossuriya, O‘zimning mulkim Isroil!” Ossuriya shohi Sargon o‘z lashkarboshisini Ashdod shahriga yubordi. Lashkarboshi kelib Ashdodni qo‘lga oldi. O‘sha paytda Omiz o‘g‘li Ishayoga Egamiz shunday dedi: — Qani, egningdagi qanorni yech, oyoqlaringdagi choriqlaringni yech. Ishayo aytilganlarni qildi. U yalang‘och, yalangoyoq yuradigan bo‘ldi. Shunda Egamiz dedi: — Qulim Ishayo uch yil yalang‘och, yalangoyoq yurgani Misr va Habashiston to‘g‘risida belgi va nishona bo‘ldi. Ossuriya shohi Misr asirlarini, Habashiston tutqunlarini, yoshu qarisini yalang‘och, yalangoyoq, uyatli joylari ochiq holda haydab ketadi. Misr sharmanda bo‘ladi. Habashistonga umid bog‘lagan, Misrdan faxrlangan xalq isnodga qoladi. O‘sha kuni qirg‘oqdagi yurtning aholisi shunday deb aytadi: “Biz ishonganlarning ahvolini ko‘rib qo‘ying. Ular bizga yordam berib Ossuriya shohining qo‘lidan qutqaradi, deb yurardik. Endi qanday qutularkanmiz?!” Dengiz bo‘yidagi sahro haqida bashorat. Nagav uzra ketma–ket esayotgan bo‘ronlar kabi, Cho‘l — qo‘rqinchli yurtdan kelayotir u. Og‘ir bir vahiy ko‘rdim: Xoin xoinlik qilayotir, Bosqinchi talon–taroj qilayotir. Egamning so‘zlarini eshitdim: “Ey Elam xalqi, hujum qil, Ey Midiya xalqi, qamal qil! Jamiki nolalarga barham beraman!” Evoh, ko‘rganlarimdan ichimda og‘riq turdi, Tug‘ayotgan ayol kabi azoblar meni qamradi. Ikki bukildim eshitganlarimdan, Dahshatga tushdim ko‘rganlarimdan. Yuragim uvishib ketdi, Qo‘rquvdan titrab ketdim. Oqshomni kutgandim, U esa qo‘rquvga to‘la. Dasturxon hozirlamoqdalar, Gilamlar to‘shab, yeb–ichmoqdalar. Qo‘zg‘aling, ey rahnamolar, qalqonlarni yog‘lang! Rabbiy menga shunday dedi: “Qani, bir qorovul qo‘y, Ko‘rganini yetkazsin. Jang aravalarining, otliqlarning, Eshaklarga, tuyalarga minganlarning Juft–juft bo‘lib kelganini ko‘radi. Yaxshilab e’tibor bersin.” Shu lahzada qorovul sherday o‘kirib qoldi: “Ey to‘ram, men kunduzi har doim Qorovul minorasida turaman, Har tun ham joyimdaman. Ana, jang aravalari, otliqlar Juft–juft bo‘lib kelayotir!” Shu on u baqirib xabar berdi: “Quladi, Bobil quladi! Butlari sinib, yer bilan bitta bo‘ldi!” Eh, xalqim! Xirmonda bug‘doy kabi yanchilgan xalqim! Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olamdan Eshitganlarimni sizga bildirdim. Dumax haqida bashorat. Seirdan meni chaqirishar: “Ey posbon, qachon tong otar? Qachon tong otar?” Javobim shudir: “Tong otayotir, Ammo yana kech kiradi. Ko‘proq bilmoqchi bo‘lsangiz, Yana qaytib keling.” Arabiston haqida bashorat. G‘arb o‘rmonlarida tunaysiz, Ey Dedon karvonlari! Ey Temo aholisi! Suv keltiring, tashnalarga peshvoz chiqing! Qutulib omon qolganlarga non bering! Axir, ular qochayotirlar qilichdan, Yalang‘ochlangan qilichdan, Tarang tortilgan yoylardan, Shafqatsiz urushlardan. Rabbiy menga shunday dedi: “Yana bir yildan keyin, yollangan ishchining muddati kabi Kedarning ulug‘vorligi barham topadi. Kedarning kamonkashu yoyandozlaridan ozginasi qoladi.” Ha, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday dedi. [1-2] Vahiy vodiysi haqida bashorat. Ey shovqin–surondan shod bo‘lgan shahar ahli, Nima bo‘ldi sizga, tomlarga chiqib oldingiz? Orangizdan o‘lganlar qilichdan emas, Ular jang qilib o‘lgan emas. *** Yo‘lboshchilaringiz yoyini tashlab, Hammasi asirga tushdi. Ular uzoqqa qochgandi, Ammo hammasi asirga tushdi. Shunda men dedim: “Yolg‘iz qoldiring meni, Achchiq–achchiq yig‘layin. Tasalli berishga urinmang menga, Axir, uchradi xalqim qirg‘inga!” Zotan, Sarvari Olam — Rabbiy bir kun belgiladi, U kuni Vahiy vodiysida qiy–chuv, zulm va sarosima hukm suradi. Devorlar qulayotir, Odamlar tog‘larga qarab faryod qilayotir. Elam lashkari o‘qdonlarini tayyorladi, Jang aravalari, otliqlari bilan keldi, Xir lashkari qalqonlarini ochdi. Mana, go‘zal vodiylaringiz jang aravalari bilan to‘ldi, Otliqlar shahar darvozalari oldiga yig‘ildi. Evoh, Yahudo himoyasiz qoldi! O‘sha kuni sizlar “ Lubnon O‘rmoni” degan uydagi qurollarga ishondingiz. Dovud qal’asi devorlarining yoriqlari juda ko‘p. Buni ko‘rib sizlar Quyi hovuzdan suv to‘pladingiz. Quddusdagi uylarni sanab chiqdingiz. Shahar devorlarini mustahkamlash uchun uylarni buzdingiz. Eski hovuz suvlarini to‘plash uchun ikki devor o‘rtasida sardoba qurdingiz. Ammo buni ilgaridan reja qilgan Xudoni yodga olmadingiz. Amalga oshiradigan Xudoni xayolingizga ham keltirmadingiz. O‘sha kuni Sarvari Olam — Rabbiy: “Yig‘lang, aza tuting”, deb aytdi. “Sochlaringizni kesib, qanorga o‘raning ”, dedi U. Ammo buni qarang! Shodligu kayfu safo! “Erta–indin o‘lib ketamiz, Kelinglar, yeb–ichib qolaylik”, deb Sizlar buqa, qo‘ylar so‘ydingiz, Go‘sht yeb, mayxo‘rlik qildingiz. Shunda Sarvari Olamning O‘zi menga shunday dedi: “Bu gunohlaringiz kechirilmas o‘lguningizgacha.” Ha, buni Sarvari Olam — Rabbiy aytmoqda. Sarvari Olam — Rabbiy shunday aytmoqda: “Qani, shohning o‘ng qo‘l vaziri, saroy a’yoni Shavnaning oldiga borib, shunday deb ayt: ‘Bu yerda nima ishing bor?! Bu yerda sening kiming borki, o‘zingga qabr qazibsan?! Yuksakda o‘zingga qabr qazibsan, qoyada o‘zingga maskan qilibsan?! Mana, Men, Egang, seni uloqtiraman. Ey kuchli inson! Men seni chirpirak qilib shiddat bilan uloqtiraman. Men seni aylantirib–aylantirib, to‘p kabi keng bir yurtga uchirib yuboraman. Sen o‘sha yerda o‘lib ketasan. Ulug‘vor jang aravalaring o‘sha yerda qolib ketadi. Xo‘jayining xonadoniga sen sharmandalik keltirasan! Men seni o‘z joyingdan qo‘zg‘ataman. Sen o‘z lavozimingdan olinasan. O‘sha kuni Xilqiyoning o‘g‘li qulim Eliyaqimni chaqiraman. Sening liboslaringni unga kiydiraman. Kamaringni unga bog‘lab, sening butun hukmronligingni unga beraman. U Quddus aholisiga, Yahudo xalqiga ota bo‘ladi. Dovud xonadonining kalitini unga beraman. U ochganda, hech kim berkitolmaydi. U berkitganda, hech kim ocholmaydi. Men uni mustahkam joyga qoqilgan qoziq qilaman, u o‘z urug‘i uchun shuhrat taxti bo‘ladi. Urug‘idan chiqqan har kim, kosadan piyolalargacha bo‘lgan har bir kichik idish o‘sha qoziqqa yuklanadi.’ O‘sha kuni mustahkam joyga qoqilgan qoziq joyidan chiqib, sinib ketadi, — demoqda Sarvari Olam. — Unga osilgan yuk ham yo‘q bo‘lib ketadi.” Egamiz shunday deb aytdi. Tir haqida bashorat. Ey Tarshish kemalari, faryod qiling! Endi yo‘q boshpanangiz! Kipr sohilida eshitgan xabarlar. Mana, ularning hammasi ravshan. Sukut saqlang, ey orol xalqi! Ey Sidon savdogarlari! Bir paytlar kemalarga to‘la edingiz. Shixor doni, Nilning hosili Tirning daromadi bo‘lgan edi, U elatlardan foyda qilardi. Uyat senga, ey Sidon! Axir, Tir, dengiz bo‘yidagi qal’a shunday demoqda: “Na to‘lg‘oq azobin chekdim, na tug‘dim, Na o‘g‘illar, na qizlar ulg‘aytirdim.” Tir to‘g‘risida eshitganda, Misrning yuragi qinidan chiqay deydi. Tarshishga jo‘nang, ey qirg‘oq aholisi, Faryod qiling! Qadimda barpo bo‘lgan, Takabbur shahringizning holi ne bo‘ldi? Endi darbadar bo‘lasiz, Uzoq, begona yurtni vatan qilasiz. Tirga qarshi kim bunday qaror chiqardi? Bu shahar shohlarga toj kiydirgandi, Savdogarlari hukmdor edi, Butun dunyo ularni izzat qilardi. Sarvari Olam qabul qildi bu qarorni: “Takabburligi, ulug‘vorligi yo‘q bo‘lsin, Butun olam izzat qilganlar yerga urilsin.” Ey Tarshish ahli! Nil bo‘yidagi dehqonlar kabi Yerlaringga ishlov ber. Axir, bandargohing yo‘q endi. “ Kan’on qal’alari vayron bo‘lsin”, deb Egamiz amr berdi. Ha, U dengizga qarshi qo‘l ko‘tardi, Shohliklarni titratdi. Egamiz shunday dedi: “Zulm chekkan, ey Sidon ahli, Endi xursandchilik bilmay o‘tasan. Qani, Kiprga jo‘na, U yerda rohat nimaligin bilmay o‘tasan.” Ana Bobil yurtiga boq, endi uning xalqi yo‘q. Ossuriyaliklar qurshov minoralari qurdilar, Bobilliklarning saroylarini yakson qildilar. Yurtni vayronaga aylantirdilar, yovvoyi hayvonlarga berdilar. Faryod qiling, ey Tarshish kemalari, Endi yo‘q boshpanangiz! Shundan keyin Tir shahri bir shohning umricha — yetmish yilga unutiladi. Yetmish yil o‘tgandan keyin, Tir ham quyidagi qo‘shiqda aytilgan fohishaday bo‘ladi. Arfangni ol, shahar bo‘ylab kez, Ey hamma unutgan fohisha! Qani, go‘zal qilib chal–chi! Qo‘shiq ketidan qo‘shiq kuyla–chi! Balki seni eslab qolarlar. Yetmish yil o‘tgach, Egamiz Tir bilan yana aloqada bo‘ladi. Ammo Tir pul uchun yana fohishalik qila boshlaydi. Dunyoning hamma shohliklariga fohisha bo‘ladi. Shahar tijoratdan va fahshdan olgan daromadlarini Egamizga ataydi. Daromadlar yig‘ilmaydi ham, saqlanmaydi ham. Tijoratdan olganlarini to‘yguncha yesinlar, chiroyli kiyinsinlar, deb daromad Egamizning huzurida yashayotganlarga beriladi. Ana, Egamiz xarob etadi yer yuzini, Vayronaga aylantiradi uni, Ostin–ustin qiladi yer yuzini, Tarqatib yuboradi zamin ahlini. Bir taqdir kutmoqda Xalqu ruhoniyni, Qul va uning egasini, Cho‘riyu uning bekasini, Xaridoru sotuvchilarni, Qarzdoru qarz beruvchini, Sudxo‘ru qarz olganni. Dunyo tamom vayron bo‘ladi, Yer yuzi o‘ljaga aylanadi. Ha, Egamizning kalomi shudir. Dunyo qurib, vayron bo‘ladi, Yer yuzi qayg‘urib, tamom bo‘ladi, Dunyoning mag‘rur xalqi kuchdan qoladi. Zamin bulg‘andi, Axir, uning ahli qonunlarni buzdi, Xudoning ko‘rsatmalarini oyoq osti qildi. Ha, abadiy ahd buzildi. Shu bois la’nat olamni yeb bitiradi, Olam ahli gunohi jazosin tortadi, Shu sababdan ular yo‘qolib bormoqda, Juda oz odamlar qutulib qoldi. Yangi sharobing tugadi, toklaring quridi, Ilgari shod bo‘lganlar og‘ir nafas olmoqda. Doiraning jo‘shqin sadosi kesildi, Shodon ovozlar endi eshitilmaydi, Arfaning sho‘x sadosi sukutga toldi. Endi sharob ichib, qo‘shiq aytmaslar, Ichganga sharobning ta’mi achchiq tuyular. Vayrona shahar tashlandiq bo‘ldi, Hamma uy berkilgan, kirib bo‘lmaydi. Sharob yo‘qligidan ko‘chalarda shovqin–suron. Evoh, shodlikdan asar ham qolmadi, Dunyoni sevinch tark etdi. Shahar xarobazor, Darvozalari esa parcha–parcha. Ha, hosil mavsumidan keyin, Zaytun daraxti yoki uzumzor qanday bo‘lsa, Dunyodagi xalqlar ham shunday yalang‘och bo‘lib qoladi. Mana, g‘arbdagilar Egamizning buyukligini ovoza qiladilar. Ular ovozlarini yuksaltirib, Sevinchdan hayqiradilar. Shu bois, ey sharq ahli, Egamizga hamdu sano ayting, Ey dengiz orollarida yashovchilar, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sano ayting. Dunyoning eng chetidan qo‘shiqlar eshiturmiz: “Odil Xudoga sharaflar bo‘lsin!” Ammo men: “Tamom bo‘ldim! Tamom bo‘ldim! Endi holimga voy! — dedim. — Xoinlar sotmoqdalar, Ha, ular xoinlik qilmoqdalar!” Ey olam ahli, sizni vahima, Tuzoq va choh kutmoqda. Vahimali ovozni eshitib qochgan chuqurga tushar, Chuqurdan chiqqan esa tuzoqqa ilinar, Samolarning qopqasi ochiladi, Olamning poydevori titrab ketadi. Yer parcha–parcha bo‘lib, Maydalanib ketadi. Yer qattiq tebranadi. Zamin mast odamday gandiraklaydi, Daladagi chayladay tebranadi. Gunohlarning og‘irligidan bukchayib qoladi, Yiqiladi–yu, qaytib tura olmaydi. O‘sha kuni Egamiz yuqoridagi samoviy kuchlarga, Pastdagi zamin shohlariga jazo beradi. Ular chohdagi asirlar kabi Bir joyga yig‘ib olinadi, Zindonga qamab qo‘yiladi, Keyinroq ular jazolanadi. Oy xijolat bo‘lar, quyosh sharmanda bo‘lar, Sarvari Olam Quddusdagi Sion tog‘ida hukmron bo‘lar. Xalq oqsoqollariga U O‘z ulug‘vorligini namoyon qilar. Ey Egam, Sen mening Xudoyimsan. Sen ajoyib ishlar qilgansan, Men Seni sharaflayman. Qadim davrlardan rejalar tuzgansan, Ular sadoqatli va ishonchlidir. Yakson qilding dushmanlarimiz qal’alarini, Vayronaga aylantirding mustahkam shaharlarini, Yo‘q qilding uzoq yurtdagi ajoyib saroylarini, Ular hech qachon qayta tiklanmas. Endi kuchli xalqlar Seni izzat qiladi, Shafqatsiz xalqlar Senga sajda qiladi. Kambag‘al, bechoralar kulfatda qolganda, Sen ularga boshpana bo‘lding. Peshindagi jaziramadan soya, Jaladan panoh bo‘lding. Vahshiy g‘animlarning hujumi bo‘ronday bo‘ldi. Sen esa bizning panohimiz bo‘lding. Dushman shovqin–suroni Sahro issig‘i kabi bo‘lganda, Jazirama issiqni Sen Bulutlar soyasi ila bosding. Dushmanning sevinch qo‘shig‘i Sadolarini o‘chirding. Bu tog‘da Sarvari Olam Jamiki xalqlar uchun Ajoyib ziyofat tayyorlar. Boy dasturxon, sara sharoblar, Yog‘li go‘shtlar, tiniq sharob tortiladi. O‘sha kuni Egam jamiki xalqlar ustidan Kafanlarini yechib tashlaydi. Mana shu tog‘da Egam Xalqlarni o‘ragan, elatlar ustidagi Yopinchiqni olib tashlaydi. Ha, U o‘limni butunlay yutib yuboradi. Egam Xudo hammaning ko‘z yoshlarini artib qo‘yadi, Butun yer yuzida O‘z xalqining uyatini olib tashlaydi. Ha, Egam shunday deb aytgan! O‘sha kuni ular shunday deydilar: “Mana, bizning Xudoyimiz, Qutqarsin, deb uni kutgandik, U bizga najot berdi. Kelinglar, quvonaylik, sevinaylik! Umid qilib kutgandik, Mana, bizning Egamiz.” Egamning O‘zi bu tog‘ni himoya qilar. Mo‘ab xalqi yanchilgan somonday ezilar, Chiritish uchun go‘ng chuqurga uloqtirilar. Ha, ular bor kuchi bilan Suzuvchiga o‘xshab chuqurdan chiqishga intilar. Ammo Xudo ularning g‘ururini yakson qilar, Qo‘llarining mohirligi foyda bermas. Mo‘abning qal’a devorlari buzib tashlanar, Vayronaga aylanar, yer bilan yakson bo‘lar. O‘sha kuni Yahudo yurtida ushbu qo‘shiq kuylanar: “Mana, shahrimiz qudratlidir! Egamiz bizning qal’amizdir, Uning O‘zi bizga najot beradi. Oching shahar darvozalarini! Sadoqatli solih xalq ichkari kirsin! Ey Egamiz, Senga ishonib, Fikri–zikri Sendan uzilmaydiganga O‘zing komil tinchlik ato qilasan. Egamizga to abad ishon, Uning O‘zi abadiy Qoyamizdir. Yuksalganlarni U yiqitdi, Takabbur shaharni vayron qilib, Yer bilan bitta qildi. O‘sha shaharni mazlumlar oyoq osti qildi, U bechoralarning qadamlari ostida ezildi.” Solihning yo‘li tekisdir, To‘g‘ri yo‘lni Sen unga tayyorlaysan. Ey Egamiz, yo‘l–yo‘riqlaring ila Senga umid qilamiz. Sening nomingni sharaflash Ko‘nglimiz istagidir. Tun bo‘yi yuragim Seni qo‘msaydi, Ha, men Senga intilaman. Yer yuzida Sening hukming bo‘lganda, Olam ahli adolatni biladi. Fosiqlar marhamat ko‘rganda Ular aslo solihlikni o‘rganmas. Haqqoniylik o‘rniga ular egrilik qilaveradi, Sening ulug‘vorligingni ular ko‘rmaydi. Ey Egamiz, qo‘ling ko‘tarilgan, Jazolashga tayyor, Ammo ular buni ko‘rmaydi. Xalqingni deb jon kuydirganingni ko‘rib, Ular sharmanda bo‘lsin. G‘animlaringga atalgan olov ularni yutsin. Ey Egamiz, bizga Sen tinchlik ato etasan, Qilgan ishlarimizning barchasiga Yetishganmiz Sening qudrating ila. Ey Egamiz Xudo, sendan boshqalar Ustimizdan hukmronlik qildilar, Ammo biz yolg‘iz Sening nomingni tilga olamiz. O‘liklar yashamaslar, Ular aslo qaytib kelmas. Ularni Sen jazolab, qirib tashlading, Ularni tamomila xotiradan o‘chirding. Ey Egamiz, xalqimizni Sen ko‘paytirding, Xalqni ko‘paytirib, O‘zing yuksalding, Yurtning barcha chegaralarini kengaytirding. Ey Egamiz, kulfatda qolganlarida Ular Senga yuz burdilar, Sening tanqidlaring ostida egildilar. To‘lg‘oq tutayotgan ayol og‘riqdan qichqirganday, To‘lg‘onib, dod–faryod qilganday, Biz ham Sening oldingda shunday bo‘ldik, ey Egamiz! Homilador bo‘lib, dard tortdik, Ammo shamoldan boshqa hech narsa ko‘rmadik. Na yer yuzida biz g‘olib bo‘ldik, Na avlodlar dunyoga keltirdik. Ammo Sening o‘lik xalqing tiriladi, Tanalari o‘rnidan turadi. Ey tuproq ostida yotganlar, qo‘zg‘aling, Shodlikdan hayqiring! Ey Egamiz, shabnaming tonggi shabnamga o‘xshaydi, Zamin murdalariga hayot bag‘ishlaydi. Keling, ey xalqim, bir oz yashirinib turing! Egamizning g‘azabi bosilguncha, Kiring ichkariga, Ortingizdan eshiklarni yopib qo‘ying! Ana, Egamiz kelayotir maskanidan Zamin ahlini gunohlari uchun jazolagani. Yer to‘kilgan qonlarni fosh etadi, Qotillik qurbonlarini endi yashirmaydi. O‘sha kuni Egamiz qilichi bilan jazolar, Shafqatsiz, bahaybat, qudratli qilichi bilan. Jazolar Levitanni, o‘sha qochayotgan ilonni, Levitanni, ha, g‘imirlayotgan ilonni, O‘ldirar dengizdagi o‘sha ajdarhoni. Egam aytar: “O‘sha kuni ajoyib uzumzor to‘g‘risida kuylang! Men, Egangiz, uzumzor qo‘riqchisiman, Doimo uni sug‘oraman. Kechayu kunduz uzumzorni qo‘riqlayman, Hech kim unga zarar keltirolmaydi. Men g‘azabda emasman! Lekin tikanlaru butalar Menga qarshi chiqsa, Ular bilan jang qilaman. Ularni yondirib tashlayman. Ular Mendan panoh izlab kelsin! Ha, Men bilan tinchlik o‘rnatsin, Ular Men bilan tinchlik o‘rnatsin.” Vaqti kelib, Yoqub nasli ildiz otadi, Isroil kurtak otib, gullaydi, Yer yuzini mevalari bilan to‘ldiradi. Isroilning dushmanlarini Egamiz ezdi! Egamiz Isroilni shunchalik urdimi?! Isroilning g‘animlarini o‘ldirdi! Egamiz Isroilni shunchalik jazoladimi?! Yo‘q, Egamiz o‘z xalqini jazolaganda Ularni yurtidan haydab, surgun qildi. Sharqdan esgan bo‘ron kabi Ularni uzoqqa olib ketdi. Shunday qilib, Yoqub naslining gunohlari Tamomila unutiladi. Egamiz shu ishni qiladi. Qurbongohning toshlari parchalansa Isroil kechiriladi. Tikka turgan Asheraga atalgan ustunu Tutatqi qurbongohi qolmasa, Isroilning gunohlari yuviladi. Mana, Isroilning mustahkam shaharlari tashlandiq bo‘ldi, Tark etilgan sahroday, huvullagan yurt bo‘ldi. Vayronalar orasida chorva o‘tlab yuradi, Daraxtlarning bargini yeb, ship–shiydam qiladi. Shoxlari qurib, sinib yotibdi, Ayollar kelib, ularni yoqadi. Bu xalq aql–hushidan ayrilgan, Yaratgan ham ularga achinmaydi, Xudo ularga marhamat ko‘rsatmaydi. O‘sha kuni, ey Isroil xalqi, Egamiz sizlarni Furot daryosidan Misr soyligigacha bo‘lgan yerda yanchadi. Hammangizni bitta–bitta yig‘ib keladi. O‘sha kuni katta karnay chalinadi. Ossuriya yurtida yo‘qolganlar, Misr yurtiga quvilganlar kelib, Quddusdagi muqaddas tog‘da Egamizga sajda qiladi. Ey ulug‘vorlik toji bo‘lgan shahar! Holingga voy! Efrayim, mast–alastlarining ulug‘vorligi eding sen! Eh, ajoyib, go‘zal shahar eding! Shuhrating gulday so‘lmoqda! Serhosil vodiydagi unumdor shahar eding. Tubanlashding sharobdan! Mana, Rabbiyning kuchli bir bahodiri bor. U selga, vayron keltiradigan quyunga o‘xshaydi. Yuvib ketadigan, toshqin jalalarga o‘xshaydi. O‘z qo‘llari bilan u Efrayimni yakson qiladi. Eh, Efrayim mast–alastlarining ulug‘vorlik toji! Ana endi oyoq ostida toptaladi! Serhosil vodiydagi unumdor shahar edi! Endi ularning shuhrati gullar kabi so‘nadi. Ular ilk pishgan anjirlarga o‘xshaydi, Pishgan zahoti yulinib, yutib yuboriladi. O‘sha kuni Sarvari Olam O‘zining xalqidan qolganlari uchun Shuhrat tojiyu ajoyib gulchambar bo‘ladi. Hukm kursisida o‘tirganlarga U adolat ruhini beradi. Darvozadan dushmanga zarba beradiganga U jasorat manbayi bo‘ladi. Ruhoniy, payg‘ambarlar sharob tufayli, O‘tkir ichimliklardan gandiraklab yuradi. Ha, sharob, bo‘zalardan ularning boshi aylanadi, May dastidan ular yo‘llaridan adashadi, O‘tkir ichimlikdan gandiraklab yuradi. Ular vahiy ko‘rganlarida xato qiladi, Qiladigan hukmlarida adashadi. Ularning dasturxoni qusuqqa to‘la, Birorta ham toza joy yo‘q. Xo‘sh, Xudo kimlarga o‘rgatyapti? Kimga xabarini tushuntiryapti? Mana shu xalqqa! Endi ko‘krakdan ajratilgan, Sutdan ayrilgan go‘daklarga! Ha, ular tushunarsiz gaplar, Mazmunsiz so‘zlar eshitadilar. Ozgina u yerda, ozgina bu yerda. Xudo bu xalqqa begona tillarda, Tushunarsiz tilda gapiradi. Ularga shunday degan: “Mana, orom! Charchaganlarga dam bering. Mana shu rohat, axir.” Ammo ular eshitishdan bosh tortdi. Egam so‘zi ular uchun tushunarsiz gaplar, Mazmunsiz so‘zlarday bo‘ladi. Ozgina u yerda, ozgina bu yerda. Shunday qilib, yuray deganingizda Orqaga yiqilib, yaralanasiz, Tuzoqqa tushib, olib ketilasiz. Shu bois Egamdan kelgan bu xabarni eshiting, Ey Quddusdagi masxaraboz hukmdorlar! Sizlar shunday dedingiz: “Biz O‘lim bilan ahd qilganmiz, O‘liklar diyori ila bitim tuzganmiz. Dahshatli ofat kelib boshimizga tushmaydi. Axir, yolg‘onni panoh qilib olganmiz, Soxtalikni chodir qilib olganmiz.” Shu bois Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Mana, Men joylashtiryapman Quddusda Sinalgan bir toshni, poydevor toshini. Bu qadrli tamal toshi, ishonchli poydevordir. Ha, unga tayanganlar hech qachon umidsiz bo‘lmaydi. Men adolat bilan hukm qilaman, To‘g‘rilik o‘lchovim bo‘ladi. Soxta panohingizni do‘l yuvib ketadi, Chodiringizni sellar yuvib ketadi. O‘lim bilan tuzgan ahdingiz bekor bo‘ladi, O‘liklar diyori ila qilgan bitimingiz barbod bo‘ladi. Dahshatli ofat yurtdan o‘tayotganda, Sizlar yer bilan yakson bo‘lasiz. Ha, har tongda, tunu kun O‘sha to‘fon sizni yuvib ketadi.” Eshitganingizni anglab yetganingizda, Bu xabar g‘oyat katta xavfdan darak beradi: Yotgani to‘shagingiz kaltalik qiladi, Yopingani ko‘rpangiz ensizlik qiladi. Perazim tog‘idagiday O‘z ishimni qilay, deb Egam qo‘zg‘aladi. Givon vodiysidagiday U g‘azabga minadi. Ha, U O‘zining ajoyib ishini qiladi. Uning ishlari hayratda qoldiradi. Masxaralashni bas qiling endi, Bo‘lmasa zanjirlaringiz yana og‘irlashadi. Sarvari Olam — Rabbiy menga: “Butun yurtni vayron qilaman”, deb aytdi. Tinglang, ovozimga quloq soling, Diqqat qiling, gaplarimni eshiting! Dehqonlar ekish uchun yerga ishlov beraveradimi?! Tuproq kovlayveradi–yu, hech qachon ekmaydimi?! Yo‘q, ular yerni tekislaydi, Keyin ukrop, zira urug‘ini sepadi. Belgilangan joylariga Har turli bug‘doy, arpa urug‘ini ekadi. Ha, dehqonlar nima qilishini biladi, Xudo ularga aql–idrok bergan! Axir, ukropni bolg‘a bilan yanchmaydi, Zirani arava g‘ildiragi bilan ezmaydi. Mana, ukropni kaltak bilan yanchib oladi, Zirani tayoq bilan ezib oladi. Bug‘doydan un qilinadi, Ammo u to abad yanchilmaydi. Arava g‘ildiragi bug‘doy ustidan Chang bo‘lguncha yurg‘izilmaydi. Bu donolik kelar Sarvari Olamdan, Uning maslahatlari ajoyib, donoligi buyukdir. Egam aytar: “Holingga voy, ey Dovud yashagan shahar! Ey Oriyol, Oriyol! Yillar ortidan yillar o‘taveradi, Bayramlarni nishonlashaveradi. Ammo boshingga kulfat keltiraman, Faryod qilib, nola chekasan, Seni qurbongoh qilaman. Atrofingda senga qarshi lashkar to‘playman, Qamal inshootlarini o‘rnataman. Minoralar qurib, seni o‘rab olaman. Yerning ostidan sen gapirasan, Tuproq ostidan so‘zlaring keladi, Ovozing sharpa ovoziday yer ostidan chiqadi, Gaplaring tuproq ostidan shivirlab keladi. Ammo shunda shafqatsiz dushmanlaring Birdaniga chang kabi uchib ketadi, To‘satdan bo‘rondagi xas–cho‘pday Ular to‘zib ketadi. Keladi Men, Sarvari Olam, gumbur–gumbur, Zilzila, shovqin–suron, dovul, Bo‘ronu yutib yuboruvchi alanga bilan. Ey Quddus, sizga qarshi chiqqan xalqlar yo‘q bo‘lib ketadi. Sizning qal’angizga hujum qilgan vahshiy elatlar Tundagi tush kabi o‘tib ketadi. Ha, och odam tushida ovqat yesa ham, Uyg‘onganda, ochligicha qolaveradi. Chanqagan odam tushida suv ichadiyu Chanqog‘i qonmasdan uyg‘onadi. Ey Sion tog‘i, sizga qarshi chiqqan Jamiki elatlar ham shu ahvolga tushadi.” O‘zingizni kar qiling, dong qotib qoling, O‘zingizni ko‘r qiling, ko‘rmas bo‘ling, Mast bo‘ling, ammo sharobdan emas, Gandiraklab yuring, ammo bo‘zadan emas. Egam sizni qattiq uxlatib qo‘ydi, Ey payg‘ambarlar, Egam ko‘zlaringizni uyquga bostirdi. Ey valiylar, Egam boshu ko‘zlaringizni o‘rab qo‘ydi. Mana, bu vahiyning hammasi sizlar uchun muhrlangan o‘rama qog‘ozday bo‘lib qoldi. Bu o‘rama qog‘oz o‘qiy oladiganlarga berilib: “Buni o‘qing!” deb buyurilsa, ular: “Yo‘q, muhrlangan ekan”, deydilar. U o‘qiy olmaydiganlarga berilib: “Buni o‘qing”, deb aytilgan bo‘lsa, ular: “Biz o‘qishni bilmaymiz”, deb javob beradilar. Ha, Rabbiy aytdi: “Bu xalq faqat so‘zdagina Menga yaqinlashadi, Tildagina Meni izzat qiladi, Yuraklari esa Mendan uzoqdir. Inson yaratgan qoidalar orqali Menga sajda qiladi. Mana, Men yana shunday bir ish qilamanki, Bu xalq hayratda qoladi, Lol bo‘lib, dong qotadi. Donolari donolikdan mahrum bo‘ladi, Idroklilari idrokidan ayriladi.” Holingizga voy! Egamizdan rejalaringizni yashiryapsiz, Ishlaringizni qorong‘ilikda qilyapsiz. “Kim bizni ko‘rardi, kim bizni bilardi?” deysiz. Hammasini ag‘dar–to‘ntar qilyapsiz, Axir, kulolni loyga tenglashtirib bo‘ladimi?! Nahotki buyum o‘zini yaratganga: “Meni yaratganing yo‘q”, deb aytsa?! Nahotki idish kulolga: “Sen tushunmaysan”, deb aytsa?! Mana, qisqa vaqt ichida Lubnon o‘rmoni dalaga aylanadi. Dala esa qalin o‘rmon bo‘ladi. O‘sha kuni kitobdagi so‘zlarni karlar eshitar, Ko‘rlarning ko‘zlari zulmatda nur ko‘rar. Bechoralarga Egam yangi quvonch ato etadi, Isroil xalqining muqaddas Xudosi tufayli Muhtojlar shod bo‘ladi. Zolimlar to abad yo‘q bo‘ladi, Mazaxchilar halok bo‘ladi, Yomonlik istovchilar qirib tashlanadi. Ular odamlarga tuhmat yog‘dirar, Hakamlarga tuzoq qo‘yar, Solihlarni adolatdan mahrum qilar. Shu bois Ibrohimni qutqargan Egam Yoqub xonadoniga shunday deb aytmoqda: “Yoqub nasli endi hech qachon sharmanda bo‘lmaydi, Qo‘rquvdan uning rangi oqarmaydi. Men yaratganlarni, ha, farzandlarini Isroil xalqi o‘zining orasida ko‘rganda, Mening nomimni muqaddas deb biladi, Men, Yoqub naslining Xudosini muqaddas deb biladi. Ha, Isroil xalqining Xudosi — Mening oldimda hayratda turadi. Yo‘lidan adashganlar o‘shanda tushunib yetadi, Noliganlar yo‘l–yo‘riqlarimni o‘rganadi.” Egam aytar: “Eh, itoatsiz xalqim! Ularning holiga voy! Mensiz maslahatlar qilishadi. Sulhlar tuzadi, lekin Mening Ruhim yo‘q–ku ularda! Ha, xalqim gunoh ustiga gunoh orttiraveradi. Axir, Mendan so‘ramasdan Misrga boryaptilar, Fir’avndan panoh so‘ryaptilar, Misrdan boshpana istayaptilar. Ammo fir’avnning himoyasi ularga sharmandalik bo‘ladi, Misrning boshpanasi ularni uyatga qoldiradi. Mana, xalqimning a’yonlari Zo‘vanga yetib keldilar, Elchilari Xanesga kirib keldilar. Lekin ularning hammasi sharmanda bo‘ladi, Axir, Misr ularning xalqiga yordam bermaydi. Hech qanday madad, foyda yo‘q, Ular sharmanda bo‘lib, ta’na tagida qoladi.” Nagav cho‘lidagi hayvonlar haqida bashorat: Eshagu tuyalarga xazinalarini ortib, Misrga olib ketmoqda. Vahimali sahro bo‘ylab sekin Misr tomon bormoqda. Ular bormoqdalar sherlaru zaharli ilonlar Yashaydigan sahro bo‘ylab. Ammo Misr ularga yordam bermaydi. Misr bergan madad bekor, foydasiz, Shu bois Men Misrni “Jim o‘tirgan Rahob ”, deb atayman. Egam aytar: “Endi bor, so‘zlarimni bir lavhaga yozib, Bu xalq uchun kitob qilib ber. Bu kelgusi vaqtlar uchun bo‘lsin, Yozilganlar to abad bo‘lsin.” Ular isyonkor xalq, yolg‘onchi bolalar! Egasining yo‘l–yo‘riqlariga Quloq solishni rad etgan bolalar ular. Ular valiylarga aytar: “Endi vahiy ko‘rmanglar.” Ular payg‘ambarlarga aytar: “Bizlarga haqiqiy bashoratlarni aytmanglar. Bizga shirin so‘zlaru soxta vahiylar ayting. Bu yo‘ldan yurmang endi! Qayting bu yo‘ldan. Isroil xalqining muqaddas Xudosi haqida endi Eshitmaylik hech bir narsa!” Shu bois Isroil xalqining muqaddas Xudosi aytar: “Sizlar Mening so‘zlarimni rad qildingiz, Zulmga, yolg‘onga umid bog‘ladingiz, Ularga ishondingiz. Shu bois sizlar uchun bu gunohingiz Yorilgan, shishib ketgan devor kabi bo‘ladi. Birdan, bir lahzada qulab tushadi. Sopol idish kabi u parcha–parcha bo‘lib ketadi. Shunchalik ezilib ketadiki O‘choqdan cho‘g‘ yoki hovuzdan suv olgani Biron parchasini ham topib bo‘lmaydi.” Egamiz Rabbiy, Isroil xalqining muqaddas Xudosi shunday demoqda: “Menga qaytsangiz najot topasiz, Halovatli bo‘lsangiz qutqarilasiz. Sokinligu ishonchingiz sizning kuchingiz bo‘ladi. Ammo sizlar buni xohlamadingiz. Aytdingizki: ‘Yo‘q, otlarga minib uchib ketamiz’, Mana, endi otlarga minib uchib ketasiz! Aytdingizki: ‘Uchqur otlarga minib ketamiz’, Endi esa sizni ta’qib qiladiganlar uchqur bo‘ladi! Qaranglar, xalqingizdan besh–oltitasi qolmaguncha Bir kishining tahdidi mingtangizni qochiradi. Besh kishining tahdidi sizlarni qochiradi. Ammo qolganlar tepalikdagi bayroq dastasiday bo‘ladi. Ular tog‘ cho‘qqisidagi bayroq kabi ishora bo‘ladi.” Shuning uchun Egam kutmoqda, Sizlarga shafqat ko‘rsatay, deb. Mana U qo‘zg‘almoqda, O‘z mehrini ko‘rsatay, deb. Axir, Egam adolatli Xudodir. Unga umid bog‘laganlar baxtiyordir. Ey Quddusda makon qilgan Sion xalqi! Sizlar endi yig‘lamaysizlar. Faryodingizni eshitib, Egam albatta marhamat ko‘rsatadi. Ovozingizni eshitib, javob beradi. Rabbiy sizlarga kulfatni non qilib, qayg‘uni suv qilib bersa ham, endi O‘sha Ustozingiz O‘zini yashirmaydi. Sizlar o‘z ko‘zlaringiz bilan Uni ko‘rasizlar. Sizlar o‘ngga yoki chapga burilganingizda, shunday ovozni eshitasizlar: “Mana yo‘l, shu yo‘ldan yuringlar.” Keyin hamma kumush butlar, oltin tasvirlaringizni yo‘q qilib tashlaysiz. Siz o‘sha narsalarni iflos latta–puttaday uloqtirib tashlaysiz. “Ey, daf bo‘l ko‘zimdan!” deysiz o‘sha narsalarga. Egam yerga ekkan urug‘ingizga yomg‘ir beradi. Yerdan keladigan oziq–ovqat mo‘l, barakali bo‘ladi. O‘sha kuni chorvangiz keng yaylovlarda o‘tlaydi. Tuproqqa ishlov bergan ho‘kiz, eshaklar eng yaxshi yemni yeydilar. O‘sha kuni, dushmanlaringiz o‘ldirilgan, minoralar qulagan kuni har bir tog‘dan, har bir tepalikdan irmoq oqib tushadi. Oy quyoshga o‘xshab nur sochadi. Quyosh esa yetti barobar ko‘proq nur beradi, yetti kunlik yorug‘ligini sochadi. Egam O‘z xalqining yaralarini bog‘lab, O‘zi keltirgan jarohatlarga shifo bergan kun shunday bo‘ladi. Ana, Egamizning O‘zi uzoqdan kelmoqda, Qalin bulut ichida, g‘azabga minib kelmoqda. Lablari g‘azabga to‘la, Tili — yamlamay yutadigan olovday. Uning nafasi bo‘yingacha keladigan Toshqin daryoga o‘xshar, U xalqlarni halokat elagida elaydi. U elatlarning og‘ziga suvluq soladi–da, Ularni yo‘ldan adashtiradi. Sizlar esa muqaddas bayram oqshomidagiday qo‘shiqlar kuylaysiz. Egamizning tog‘iga, Isroil xalqining Qoyasiga nay sadolari ostida borayotganlarday yuraklaringiz shodlikka to‘ladi. Egamiz O‘z ulug‘vor ovozini eshittiradi. Ha, qo‘lining zarbasi og‘irdir. Uning kuchli g‘azabi, yamlamay yutay degan olovga o‘xshaydi. Ha, Uning g‘azabi bo‘ronu dovul, momaqaldiroq kabidir. Egamiz hassasi bilan Ossuriyani uradi. O‘z ovozi bilan uni dahshatga tushiradi. Egamiz qayta–qayta Ossuriyani doira va arfa sadolari ostida hassasi bilan jazolaydi. Egamiz O‘z qo‘lining zarbi bilan jang qilib, ular bilan urishadi. Tofat allaqachon tayyorlangan. Ha, u hatto Ossuriya shohi uchun ham tayyor turibdi. Bu keng chuqurda alangayu o‘tin mo‘l–ko‘l. U yerda Egamizning nafasi vulqondan chiqqan olov kabi yondiradi. Holingizga voy! Ey Misrdan yordam so‘rab borayotganlar! Holingizga voy! Ey otlarga ishonayotganlar! Ular jang aravalarining ko‘pligiyu Kuchli otliqlarga umid bog‘laydilar. Isroil xalqining muqaddas Xudosiga esa Nazar ham tashlamaydilar, Unga yuz burmadilar. Axir, Egam ham dono. U kulfat olib keladi. So‘zlarini U qaytib olmaydi, Fosiqlarning xonadoniga qarshi qo‘zg‘aladi, Badkirdorlarga yordam berganlarga qarshi turadi. Misrliklar Xudo emas, insonlardir, Ularning otlari ruh emas, tanadir. Egam ularga qarshi qo‘l ko‘targanda, Madadkor qoqiladi, Madadga zor yiqiladi. Ikkovi birgalikda halok bo‘ladi. Ha, Egam menga aytmoqda: “Kuchli sher qo‘yni bo‘g‘izlaganda, Cho‘ponlar shovqin–suroniga e’tibor bermas, Ularga hatto nazar ham tashlamas. Shu singari, Men, Sarvari Olam, Sion tog‘i, o‘sha tepalikda Jang qilishga kelaman. O‘z ini ustida uchayotgan qush kabi, Men, Sarvari Olam, Quddusni qo‘riqlayman. Men Quddusni qo‘riqlab, ozod qilaman, Himoya qilib, najot beraman.” Ey Isroil xalqi! Garchi sizlar shu qadar fosiq isyonchi bo‘lsangiz ham, endi Egamizga qayting! Ha, o‘sha kuni har biringiz oltin butlar va kumush tasvirlarni rad etasiz. Ularni gunohkor qo‘llaringiz bilan yasagan edingiz. Ossuriya vayron bo‘ladi, ammo insonning qilichidan emas. Xudoning qilichi Ossuriyaliklarni uradi. Ossuriyaliklar vahimaga tushib qochadilar. Kuchli, yosh yigitlarini qul qilib olib ketadilar. Ossuriyaning suyangan qoyasi vahima ichida qochadi, Lashkarboshilari jangovar bayroqdan qo‘rqib, qochib ketadi. Ha, Egamizning alangasi Quddusda, Uning o‘chog‘i Siondadir. Egamizning kalomi shudir. Ana, shoh solihlik bilan hukmronlik qiladi, Hukmdorlar adolat bilan boshqaradi. Har bir odam shamoldan asraydigan panohday bo‘ladi, Bo‘rondan saqlaydigan boshpana kabi bo‘ladi. Ular sahrodagi suv o‘zaniga o‘xshaydi, Tashna yerdagi ulkan qoyaning soyasiday bo‘ladi. Ko‘radiganlarning ko‘zlari endi yumilmaydi, Eshitadiganlar endi quloq soladi. Idroksizning aqli anglaydigan bo‘ladi, Duduq odamning tili ravon bo‘ladi. Ahmoqni endi aslzoda deb chaqirmaydilar, Yaramasni, hurmatga sazovor, deb aytmaydilar. Mana, ahmoq kaltafahmlik bilan gapiradi, Fikri–zikri esa yovuzlik bilan band. Qilganlari — nopoklik, Egam haqida xato gapiradi. Och odamni u ochligicha qoldiradi, Chanqaganga suv bermaydi. Battolning usullari yovuzdir, U yomonliklar rejalashtiradi, Faqirlarning iltijolari to‘g‘ri bo‘lsa ham, Yolg‘on gap–so‘zlar bilan ularni vayron qiladi. Olijanob odamlar esa yaxshi rejalar tuzadi, Yaxshi niyat qilib, o‘z so‘zida turadi. Ey siz, beg‘am ayollar, Turinglar, Menga quloq solinglar! Ey siz, o‘ziga ishongan qizlar, Mening gaplarimni eshitinglar! Ey sizlar, beparvo yurganlar, Bir yil o‘tar–o‘tmas titray boshlaysiz. Uzum hosili yaxshi bo‘lmaydi, Meva hosili bo‘lmaydi. Qo‘rqing, ey siz, beg‘am ayollar, Qaltirang, ey o‘ziga ishongan qizlar! Tavba qilib, kiyimingizni yechib tashlang. Qanorga o‘ranib, belingizni bog‘lang! Ko‘kragingizga urib yig‘lang Ajoyib dalalaringiz, Serhosil uzumzorlaringiz uchun! Xalqimning yeri uchun yig‘lang! U yerni tikan, yantoq butalari bosib ketadi. Ha, shodlikka to‘la bo‘lgan uylar uchun, Quvnoq shahar uchun aza tuting! Mana, saroy tashlandiq bo‘lib qoldi, Gavjum shahar sahroga aylandi. Qal’ayu minora to abad Yovvoyi eshaklar yayraydigan joy, Chorva uchun yaylov bo‘ldi. Toki yuqoridan ustimizga Ruh yog‘ilmaguncha shunday bo‘ladi. Undan keyin sahrolar serhosil dalaga aylanadi, Serhosil dala o‘rmon sifat bo‘ladi. Shunda odillik sahroda makon qiladi, Solihlik serhosil dalada maskan qiladi. Solihlik mevasi tinchlik bo‘ladi, Solihlik samarasi to abad xotirjamlik, ishonch bo‘ladi. Xalqim yashaydi sokin joylarda, Bexavotir uylarda, xotirjam maskanlarda. O‘sha o‘rmonni do‘l yakson qiladi, U shahar esa tamomila yo‘q bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham, naqadar baxtlisiz! Irmoqlar bo‘yida ekin ekasiz. Chorvayu podangiz yaylovlarni kezib yuradi. Ey talanmagan talonchi! Holingga voy! Ey xiyonatni tatimagan xiyonatkor! Holingga voy! Rosa talab bo‘lganingdan so‘ng, O‘zingni talon–taroj qiladilar. Xiyonatni bas qilganingda, Senga xiyonat qiladilar. Ey Egamiz, bizga marhamat qil, Biz Senga umid bog‘laymiz. Bizga har kun kuch ato qil, Kulfat chog‘i esa bizga najot ber. Gumburlagan ovozingdan xalqlar tarqab ketar, Sen qo‘zg‘alganingda elatlar qochib ketar. Chigirtkalar yig‘ilganday o‘ljalaring yig‘ilar, Chigirtkalar uyumi kabi o‘ljalaringni talon–taroj qilishar. Egamiz yuksalgandir. Ha, Uning maskani yuksakda. To‘ldirgandir U Quddusni adolatu solihlik ila. Ey Quddus, U kunlaringiz tinchligini mahkam tutadi, Uning O‘zi najot, ilm–ma’rifat, donolikning boy manbaidir. Egamizdan qo‘rqish sizlarning xazinangizdir. Ana qarang! Yahudoning jasur yigitlari Ko‘chalarda faryod qiladi, Tinchlik elchilari achchiq–achchiq yig‘laydi. Katta yo‘llar huvullab qolgan, Bu yo‘llardan yurmaydi hech kimsa, Ahdlar buzildi, shaharlar vayron bo‘ldi, Inson o‘z qadrini yo‘qotdi. Yurt aza tutdi, azob chekdi. Lubnon o‘rmonlari isnodga qolib, qurib qoldi. Sharon tekisligi sahroga o‘xshab qoldi, Bashan, Karmil tog‘idagi daraxtlarning yaproqlari qolmadi. “Endi qo‘zg‘alaman, — demoqda Egamiz. — Endi Men yuksalaman, Ha, O‘zimni baland ko‘taraman. Sizlar esa somonga homilador bo‘lganday, Foydasiz poyalar tuqqanday bo‘lasiz. Ruhingiz sizlarni olov kabi yeb bitiradi. Xalqlar yonib, kul bo‘ladi, Kesilib, olovga tashlangan tikanday bo‘ladi. Ey uzoqdagilar, Mening qilganlarimni eshiting, Ey yaqindagilar, qudratimni bilib oling!” “Oramizda kim yamlamay yutadigan olov bilan tura oladi? Oramizdagi kim yonib bitmas alanga yonida qola oladi?” deya Quddusda gunohkorlar vahimaga tushdi, Nopoklarni qo‘rquv egallab oldi. Mana, qarang solih yashayotganlarga! Ular to‘g‘ri gapni gapiradi, Tamagirlik foydasidan yuz o‘giradi, Pora olishdan qo‘llarini tiyadi. Qotillarning fitnalariga qo‘shilmaydi, Ko‘zlarini yovuzlik jalb qila olmaydi. Ha, shundaylarning maskani yuksaklarda bo‘ladi, Tog‘lardagi qoyalar boshpanasi bo‘ladi. Nonu suvi hech qachon yetmay qolmaydi. Mana, ko‘zlaringiz ulug‘vor shohni, Keng yoyilgan yurtni ko‘radi. Shunda o‘tmishdagi qo‘rquvni eslab, deysiz: “Qani ekan o‘sha bosh lashkarboshi? Qani o‘sha o‘ljalarni o‘lchagan odam? Qani endi minoralarni sanaganlar?” Sizlar tillarini tushunmaydigan, Gaplarini anglamaydigan, O‘sha takabbur xalqni endi ko‘rmaysiz! Mana, qarang Quddusga! Bayramlarimiz shahriga boqing. O‘z ko‘zlaringiz bilan Sionni, O‘sha osuda maskanni ko‘rasiz. Bu chodir hech qachon ko‘chmaydi, Uning qoziqlari surilmaydi, Bironta arqoni uzilmaydi. Ha, u yerda qudratli Egamiz bizning shohimiz bo‘ladi, U yerda keng daryolaru irmoqlar bo‘ladi. Eshkakli urush kemalari kechib o‘ta olmaydi, Yelkanli jang kemalari ham u yerda suza olmaydi. Axir, Egamiz hukmronlik qiladi, Uning O‘zi qonun–qoidani o‘rnatadi. Egamiz bizning shohimizdir, Uning O‘zi bizga najot beradi. Kemangizning machtasi mustahkam emas, Uning arqonlari zaiflashgan, Uning yelkani yoyilmaydi. So‘ng mo‘l–ko‘l o‘lja bo‘linadi, Hatto cho‘loq ham o‘ljaga sherik bo‘ladi. Orangizda hech kimsa, “Men xastaman”, demaydi, Quddusdagilarning gunohlari kechiriladi. Ey elatlar, yaqinroq keling, quloq soling! Ey xalqlar, diqqat qiling! Eshiting, ey zamin, zamindagi bor jonzot! Olamu uning mahsuli, eshiting! Ha, Egamiz butun elatlardan g‘azabda, Ularning lashkarlariga qahri keldi. Egamiz ularni tamomila qirib tashlaydi. Ularni bo‘g‘izlashga hukm etgan. Murdalari ko‘milmay qolib ketadi, Jasadlaridan qo‘lansa hid anqiydi, Ularning qoni qirlarda daryo bo‘lib oqadi. Samodagi hamma yulduzlar chirib ketadi, Osmon o‘rama qog‘ozday eshilib ketadi. Tokdan qurib tushgan barglar singari, Daraxtidan to‘kilgan anjir singari Samoviy jismlar to‘kilib ketadi. Egam aytar: “Ha, samolarda qilichim Mening paydo bo‘ldi. Mana, u Edomga, Men halokatga hukm qilgan xalqning boshiga tushadi.” Egamizning qilichi qonga bulg‘angan. Qo‘zilar, echkilar yog‘iga, qoniga, Qo‘chqor buyragining yog‘iga to‘ygan. Ha, Bozrax shahrida Egamizga qurbonlik bor, Edom yurtida katta qirg‘in boshlandi. Yovvoyi buqalar, novvoslar, katta ho‘kizlar ham Ular bilan birga qulaydi. Ularning yeri qon bilan sug‘oriladi, Tuprog‘i yog‘ni shimib oladi. Ha, bu kun Egamizning qasos kunidir. Quddus uchun Egamiz qasos oladigan yildir bu. Edom irmoqlari qatronga aylanadi, Tuprog‘i oltingugurtga aylanadi, Butun yurt esa alanga ichida qoladi. Alanga kechayu kunduz o‘chmaydi, Tutun abadiy ko‘tarilaveradi. Bu yurt avlodlar osha Vayrona bo‘lib qolaveradi. Hech kim uni to abad bosib o‘tmaydi. U yer boyqushlaru kirpilarning mulki bo‘ladi, Ukkiyu qarg‘alar u yerda makon qiladi. Ha, Egamiz bu yurtni o‘lchab, Vayronayu xarobaga loyiq topdi. Bu yurtda aslzodalar yo‘q endi, U yerdan birorta shoh chiqmaydi, Barcha shahzodalari yo‘q bo‘lib ketadi. Qal’alarida tikanlar o‘sadi, Saroylarida yantoqlar, qushqo‘nmas butalar bitadi. U yer chiyabo‘rilarga maskan bo‘ladi, Tuyaqushlarning boshpanasi bo‘ladi. Yovvoyi mushuklaru sirtlonlar Bir–biriga duch keladi, Yovvoyi echkilar bir–birini chaqirib ma’raydi, U yerda tun sharpalari dam oladi, O‘sha yer ularga oromgoh bo‘ladi. Ilonlar u yerda in qurib, tuxum qo‘yadi, Soya joylarda bolalarini yig‘adi. Quzg‘unlar u yerda juftlanib to‘planadi. Mana, Egamizning kitobidan topib, o‘qing: Ulardan birontasi yo‘q bo‘lmaydi, Hammasi juft–juft bo‘ladi, Egamizning O‘zi shunday amr etgan, Uning Ruhi hammasini to‘pladi. Egamiz qur’a tashlab, har birining ulushini berdi, Arqon bilan o‘lchab, yurtni ularga bo‘lib berdi. Bu yurt to abad ularning mulki bo‘ladi, Avlodlar osha ular bu yerda yashaydi. Cho‘lu biyobon shod bo‘ladi, Sahro quvonib, atirgulday gullaydi. Hamma yoqda gul–chechaklar ochiladi, Cho‘l shodlanib, quvonchdan hayqiradi. Lubnonning chiroyi, Karmil tog‘ining, Sharon tekisligining ulug‘vorligi Unga beriladi. Ular Egamizning shuhratini, Xudoyimizning ulug‘vorligini ko‘radi. Qo‘llari charchaganlarga dalda bergin, Tizzalari bukilganlarga madad bergin. Qo‘rqoq yuraklarga shunday deb aytgin: “Dadil bo‘ling, qo‘rqmang! Mana, Xudoyingiz! Qasos kelmoqda ilohiy intiqom ila, Uning O‘zi sizlarga najot beradi.” O‘sha paytda ko‘rlarning ko‘zlari ochiladi, Karlarning quloqlari esa eshitadi. Cho‘loq ham ohuday sakraydi, Soqov til shodlikdan hayqiradi. Mana, axir, sahroda suv sharillab oqmoqda, Cho‘l joylar esa irmoqlarga to‘la. Qizib yotgan qum hovuzga aylanadi, Qaqragan yer qaynayotgan buloq bo‘ladi. Oldin chiyabo‘rilar yashagan maskanlarda Endi maysa, qamish, papiruslar o‘sadi. O‘sha yerdan katta yo‘l o‘tadi, Muqaddas Yo‘l deb atalgan yo‘l bo‘ladi. Nopoklar u yo‘lga qadam bosmaydi, Bu yo‘l mana shu yo‘ldan yuradiganlarnikidir. Bu yo‘ldan yuradiganlar, Hatto idroksizlar ham adashmaydi. O‘sha yerda sher bo‘lmaydi. Yirtqich hayvon yurmaydi. Ular bu yerda topilmaydi. Ha, faqat najot topganlar o‘sha yerda yuradi. Egamiz qutqarganlar qaytib keladi, Ular qo‘shiq aytib, Quddusga kiradi. Boshlarida abadiy shodlik toji bo‘ladi, Shod–xurramlik ularni qamrab oladi, Qayg‘u, g‘amlar yo‘q bo‘lib ketadi. Hizqiyo shohligining o‘n to‘rtinchi yilida Ossuriya shohi Sanxariv Yahudo yurtiga hujum qildi. Uning hamma mustahkam shaharlarini bosib oldi. Laxish shahridan Ossuriya shohi o‘z mulozimini katta lashkar bilan Quddusdagi shoh Hizqiyoga yubordi. U Yuqori hovuz arig‘i yonida to‘xtadi. Bu ariq kir yuvuvchining dalasiga boradigan yo‘lda edi. Shunda Xilqiyo o‘g‘li Eliyaqim, Shavna va Osif o‘g‘li Yo‘x Quddusdan chiqib, mulozimning yoniga bordilar. Shoh Hizqiyoning saroyida Eliyaqim bosh vazir bo‘lib, Shavna kotib, Yo‘x esa mushovir bo‘lib xizmat qilar edilar. Mulozim ularga shunday dedi: “Ulug‘ Ossuriya shohining shu gaplarini Hizqiyoga yetkazing: ‘Nimangga ishonyapsan o‘zi? Harbiy mahoratingdan va kuch–qudratingdan gapiryapsan, lekin bular quruq gaplar–ku! Kimingga ishonib menga itoat etmayapsan? Ha, sen Misrga ishonyapsan. Lekin Misr yoriq qamishdan qilingan hassaga o‘xshaydi–ku! Unga suyansang, qo‘lingga sanchiladi. Misr fir’avniga ishonganlarning hammasi shu ahvolga tushadi. Balki sizlar: «Biz Egamiz Xudoga ishonamiz», deb aytarsizlar menga. Axir, Hizqiyo o‘sha Egangizning sajdagohu qurbongohlarini buzib tashlab, Yahudo xalqi va Quddusliklarga: «Faqatgina Quddusdagi qurbongohning oldida sajda qilinglar», deb aytgan–ku! ’ Kelinglar! Endi janobi oliylari Ossuriya shohi nomidan sizlar bilan bir garov o‘ynaylik. Mana, sizlarga ikki mingta ot beramiz, qani, ularni minishga odam topinglar–chi! Qani, ko‘raylik–chi, shohimning qullari orasidagi eng kichik bir lashkarboshisini mag‘lub qila olasizmi?! Axir, o‘zingiz Misrning jang aravalariyu otliqlariga umid bog‘lab o‘tiribsiz. Qolaversa, bizni Egangizning xohishisiz bu yurtni vayron qilishga kelgan, deb o‘ylaysizlarmi? Egangizning O‘zi bizga: ‘O‘sha yurtga borib, u yerni vayron qilinglar’, deb amr bergan–ku!” Eliyaqim, Shavna va Yo‘x mulozimga: — Bu qullaringga oramiycha gapiraver, oramiychani tushunamiz. Ibroniycha gapirma. Tag‘in devor ustidagilar bizning gapimizni eshitib qolmasin, — dedilar. Mulozim esa shunday javob berdi: — Shohim bu so‘zlarni faqat hukmdoringizga va sizlarga gapirsin, deb meni yuboribdimi?! Devor ustida to‘plangan odamlarga ham gapiryapman–da. Ular ham, sizlar kabi, tezaklarini yeb, siydiklarini ichishga giriftor qilingan. So‘ngra u tik turib, baland ovoz bilan ibroniycha gapirdi: “Ulug‘ shoh — Ossuriya shohining gaplarini eshiting! Shoh hazratlari shunday aytmoqda: ‘Hizqiyo sizlarni yo‘ldan urmasin. U baribir sizlarni qutqara olmaydi. « Egamiz bizni albatta qutqaradi, bu shahar Ossuriya shohi qo‘liga berilmaydi», deb Hizqiyo sizlarni Egangizdan umidvor qilmasin.’ Shohingiz Hizqiyoga quloq solmanglar. Mana Ossuriya shohi aytmoqda: ‘Men bilan sulh tuzib, mening oldimga kelinglar. Shunda har kim o‘z uzumzoriyu anjir daraxti hosilidan yeyaveradi, o‘z sardobasidan suv ichaveradi. Kelganimdan keyin esa men sizlarni o‘z o‘lkangizga o‘xshagan bir yurtga olib boraman. U joy bug‘doy, sharob, non, uzumzorlarga boy yurtdir. Yana Hizqiyo: « Egamiz bizni qutqaradi», deb sizlarni aldamasin. Qani, qaysi xalqning xudosi o‘z yurtini Men, Ossuriya shohining qo‘lidan qutqaribdi?! Xomat bilan Arpad shahrining xudolari qani?! Sefarvayimning xudolari–chi?! Birorta xudo Samariyani mening qo‘limdan qutqara olmadilar–ku! Jamiki xalqlarning xudolaridan qaysi biri o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqaribdiki, Egangiz Quddusni qutqara olsa?!’” Ammo xalq jim turaverdi. Birontasi ham javob bermadi. Chunki shoh Hizqiyo: “Uning gapiga javob qaytarmanglar”, deb farmon bergan edi. Bosh vazir bo‘lgan Xilqiyo o‘g‘li Eliyaqim, kotib Shavna va mushovir bo‘lgan Osif o‘g‘li Yo‘x esa qayg‘udan liboslarini yirtib, Hizqiyoning oldiga keldilar. Ular muloziming gaplarini Hizqiyoga aytib berdilar. Shoh Hizqiyo bularni eshitgach, qayg‘udan liboslarini yirtdi. Qanorga o‘ranib, Egamizning uyiga bordi. Hizqiyo bosh vazir Eliyaqimga, kotib Shavna va oqsoqol ruhoniylarga, qanorga o‘raninglar, dedi–da, ularni Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambar oldiga yubordi. Ular Ishayoga shunday dedilar: — Hizqiyo aytyaptiki: “Bugun jafo chekyapmiz, tanbeh eshityapmiz, sharmanda bo‘lyapmiz. Biz ko‘zi yoriyotgan, lekin tug‘ish uchun madori qolmagan ayolga o‘xshaymiz. Balki Ossuriya mulozimining so‘zlarini Egang Xudo eshitar. Barhayot Xudoni tahqirlasin, deb Ossuriya shohi o‘zining mulozimini yuboribdi. Balki Egang Xudo eshitib, bu so‘zlar uchun uni jazolar. Endi yurtda qolgan xalq uchun iltijo qil.” Shoh Hizqiyoning a’yonlari Ishayoning oldiga kelganda, Ishayo ularga shunday dedi: — Shohingizga shu gaplarni yetkazinglar: “ Egamiz shunday aytmoqda: ‘Ossuriya shohining qullari Meni haqoratlab aytgan so‘zlaridan qo‘rqma. Men Ossuriya shohiga bir ruh yuboraman. Shoh bir mish–mishni eshitib, o‘z yurtiga qaytib ketadi. Unga o‘z yurtida ajal keltiraman.’” Ossuriya shohi Sanxarivning Laxish shahridan ketganini shohning mulozimi eshitdi. Keyin u ham qaytib ketdi. Shohni Libna shahriga qarshi urishayotgan yerida topdi. Sanxariv: “Habashiston shohi Tirxoqo sen bilan urush qilgani otlandi”, degan bir xabarni eshitdi. U bu gapni eshitib, Yahudo shohi Hizqiyoga elchilar orqali shu gapni yetkazdi: “Umid qilgan Xudoying, ‘Quddus Ossuriya shohiga taslim bo‘lmaydi’, deb seni aldamasin. Mana, o‘zing eshitgansan–ku! Ossuriya shohlari hamma yurtlarni yer bilan yakson qilgan. Endi sen qutulaman, deb o‘ylayapsanmi?! Otalarim qancha xalqlarni xonavayron qildi. Ularni xudolari qutqarmadi–ku! Gozan, Xoron, Razaf aholisi, Talassarda yashagan Eden xalqlari qutula oldimi?! Qani, ayt–chi, Xomat shahrining shohi qani endi?! Arpad, Sefarvayim, Xana, Ivvax shaharlarining shohlari qani?!” Hizqiyo xabarchilarning qo‘lidan maktubni olib o‘qigach, Egamizning uyiga kirdi. Maktubni Egamizning oldida yoydi. Keyin u Egamizga yolvorib ibodat qildi: “Ey ikki karub orasida taxt qurgan Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam! Butun yer yuzidagi shohliklarning tanho Xudosi Sensan. Osmonni va yerni Sen yaratgansan. Ey Egamiz! Quloq solib, eshit. Ey Egamiz, ko‘zlaringni ochib, qara. Sanxarivning hamma aytganlarini, u barhayot Xudoni qanday haqoratlaganini bilib qo‘y. Ey Egamiz! Biz bilamizki, Ossuriya shohlari hamma xalqlarni va ularning yurtlarini vayron qilganlar. O‘sha xalqlarning xudolarini olovda yoqib, yo‘q qilganlar. Chunki o‘sha narsalar xudolar emas, balki inson qo‘li bilan yog‘ochdan, toshdan yasalgan narsalar edi. Ey Egamiz Xudo! Endi Sen bizni Sanxarivning qo‘lidan qutqargin. Toki butun yer yuzidagi shohliklar bilsin, Sen tanho Egamizsan! ” Omiz o‘g‘li Ishayo Hizqiyoga shunday xabar yubordi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: ‘Ossuriya shohi Sanxariv haqida qilgan iltijolaringni eshitdim.’ Egamiz unga qarshi shu so‘zlarni menga ayon qildi: ‘Bokira qiz Quddus sendan nafratlanadi, Ustingdan kuladi. Go‘zal Sion orqangdan masxara qiladi, Boshini chayqaydi. Kimni haqorat qilding o‘zi? Kimni tahqirlading? Kimga qo‘rs gapirding? Kiborlarcha boqding, hey? Isroil xalqining muqaddas Xudosiga! O‘z qullaring orqali Men, Rabbiyni haqorat qilding. O‘zing haqingda aytdingki: «Tog‘ cho‘qqilarini jang aravalari bilan zabt etdim. Lubnondagi inson qadami yetmagan joylarga yetib bordim. Eng baland sadr daraxtlarini, Eng a’lo sarv daraxtlarini qo‘pordim. Lubnonning eng uzoq tepaliklariga, Hatto eng qalin o‘rmonlariga yetib bordim. Men quduqlar qazib, suvlaridan ichdim. Misrning hamma daryolarini Oyog‘im kafti bilan quritdim». Eshitmaganmisan, ey Sanxariv, Ancha oldin mo‘ljallab qo‘ygan edim, Buni azaldan reja qilgan edim. Endi amalga oshirdim. Qal’alarni vayronaga aylantirsin, deb Men senga kuch berdim. Qo‘l, qanoti qirqildi shahar ahlining, Vahimaga tushib, uyatga qoldilar. Ular dalada o‘sgan o‘t, yangi maysalardaydir. Tomlarda o‘sgan maysalarga o‘xshab, Yetilmasdan oldin qurib qoldilar. Seni har tomondan bilaman, ey Sanxariv! Qachon urushga chiqib, Uyingga qachon qaytishingni ham bilaman. Bilaman: Mendan g‘azabdasan. Mendan qattiq g‘azabdasan. Manmanliging qulog‘imga yetib keldi. Endi men burningdan halqamni, Og‘zingdan suvlig‘imni o‘tkazaman. Kelgan yo‘lingdan seni qaytarib olib ketaman.’ Ey Hizqiyo, mana bular sen uchun nishona bo‘ladi: bu yil o‘z–o‘zidan yerdan o‘sib chiqqanlarni tanovul qilasiz. Ikkinchi yil birinchisining o‘rnidan o‘sib chiqqanini yeysizlar. Uchinchi yil esa urug‘ ekib, hosil o‘rasiz. Uzumzorlar barpo qilib, mevasin tanovul qilasiz. Yahudo xalqining qutulib qolganlari yana ildiz otadi, yuqorida meva beradi. Xalqning qolgani Quddusdan, qutulganlari Sion tog‘idan keladi. Sarvari Olam O‘z g‘ayrati bilan buni amalga oshiradi. Ossuriya shohi to‘g‘risida Egamiz shunday aytmoqda: ‘Sanxariv bu shaharga kirolmaydi, o‘qlar otolmaydi. Qalqoni bilan shaharga yaqinlashmaydi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydirmaydi. Kelgan yo‘lidan qaytib ketadi, shaharga kirmaydi, — deb aytmoqda Egamiz. — O‘zimning haqi–hurmatim, qulim Dovudning haqi–hurmati bu shaharni himoya qilib, saqlayman.’” Egamizning farishtasi Ossuriyaliklarning qarorgohiga borib, 185.000 kishini o‘ldirdi. Mana, tong saharda ularning hammasi o‘lik jasad! Ossuriya shohi Sanxariv qarorgohni tashlab, orqaga qaytdi. O‘z uyi Naynavoga qaytib, o‘sha yerda yashadi. Sanxariv o‘z xudosi Nisroxning uyida sajda qilayotgan edi. O‘g‘illari Odrammalek bilan Sarizar unga bir qilich urib o‘ldirdi. Ikkovi ham Ararat yurtiga qochib ketdi. Sanxarivning o‘rniga o‘g‘li Isarxaddo‘n shoh bo‘ldi. O‘sha kunlari Hizqiyo qattiq kasal bo‘lib qoldi. Omiz o‘g‘li Ishayo uning huzuriga kelib, shunday dedi: “ Egamiz shunday aytmoqda: ‘Tayyorgarligingni ko‘rib qo‘yaver, tuzalmaysan endi, o‘lasan.’” Hizqiyo yuzini devorga burib, Egamizga yolvordi: “Ey Egam! Esla! Doimo sodiqlik va butun qalbim bilan huzuringda yurdim! Ko‘z o‘ngingda o‘sha yaxshi ishlarni qildim.” Shunday deb achchiq–achchiq yig‘ladi. Shundan keyin Ishayoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi: “Borib, Hizqiyoga shunday deb ayt: ‘Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: «Iltijolaringni eshitdim, ko‘z yoshlaringni ko‘rdim. Umringni yana o‘n besh yilga uzaytiraman. O‘zingni va bu shaharni Ossuriya shohining qo‘lidan xalos qilaman. Ha, bu shaharni himoya qilaman. Ey Hizqiyo! Mana senga Mendan nishona. Men, Egang, bergan va’damni bajaraman. Mana qara! Botayotgan quyosh Oxozning zinapoyasiga soya tushirib turibdi. O‘sha soyani o‘n qadam orqaga surdiraman».’” Shunday qilib, soya o‘n qadam orqaga ketdi. Shoh Hizqiyo sog‘aygandan keyin quyidagi she’rni yozdi: Men aytdim: “Hayotim cho‘qqisida O‘liklar diyoriga boramanmi? Umrimning qolgani xazon bo‘lsinmi? Men Egamni ko‘rmayman. Ha, Uni ko‘rmasman bu yorug‘ yer yuzida. Tirik zotlarni endi ko‘rmayman. Bu dunyodagilar bilan bo‘lmayman. Cho‘ponning chodiri yig‘ilganiday Mening umrim uzildi, Mendan tortib olindi. Umrim to‘quvchining matosi kabi bitdi. Uning dastgohidagi ipday Mening umrim ham qirqildi. Ey Rabbiy, tunu kun meni qiynaysan. Tonggacha faryod qildim, Sherday hamma suyaklarimni sindirasan. Ey Rabbiy, tunu kun meni qiynaysan. Qaldirg‘ochu turnaday nola qildim, Musichaday oh–voh qildim. Yuqoriga qarayverib, ko‘zlarim toldi, Ey Rabbiy, ezildim, yordam ber menga! Endi men nima desam ekan?! Egam menga nima aytgan bo‘lsa, Uning O‘zi o‘shani qildi. Jonim tortgan bu azoblar tufayli Umrim bo‘yi itoat etib yuraman. Ey Rabbiy, Sening tarbiyang yaxshidir, Chunki u hayotu sog‘likka yetaklaydi. Sen menga sog‘ligimni qaytarding, Menga qayta hayot baxsh etding. Mana, hamma qiyinchiligim Yaxshilikka aylandi. Qabrdan meni saqlading, Hamma gunohlarimni kechirding. Axir, o‘liklar diyori Senga shukr qilmaydi, O‘lim Senga hamdu sano aytmaydi. Qabrga boradiganlar Sening sadoqatingdan umid qilmaydi. Mana, men senga shukr aytmoqdaman. Axir, tiriklar, faqatgina tiriklar Senga shukr aytadilar–ku! Otalar o‘zlarining farzandlariga Sening sadoqatingni bildiradilar. Egam meni qutqaradi. Butun umrimiz bo‘yi torli asboblar ila Egamning uyida biz kuylaymiz.” Ishayo: “Anjir shirasini olib kelib, yaraning ustiga qo‘yinglar. Shunda Hizqiyo sog‘ayadi”, — degan edi. Hizqiyo esa: “ Egamizning uyiga borishimni qanday bilaman? Buni nima isbotlaydi?” — deb so‘ragandi. O‘sha paytlarda Baladon o‘g‘li, Bobil shohi Marduxbaladon shoh Hizqiyoga maktublaru hadyalar jo‘natdi. U Hizqiyoning xastalanib, keyin sog‘ayganini eshitgandi. Hizqiyo elchilarni ko‘rib xursand bo‘ldi. Xazinasidagi bor narsa — omborlardagi hamma qimmatbaho ashyolarini, oltinni, kumushni, xushbo‘y hidli ziravorlarni va moylarni, butun qurol–yarog‘ omborini ularga ko‘rsatdi. Hizqiyoning saroyidayu o‘z shohligida ularga ko‘rsatmagan hech narsasi qolmadi. Ishayo payg‘ambar shoh Hizqiyoning huzuriga kelib: — Bu odamlar qayerdan kelibdi? Senga nimalar dedi? — deb so‘radi. — Uzoq bir yurtdan, Bobildan mening huzurimga kelibdilar, — deb javob berdi Hizqiyo. — Ular saroyingda nimalarni ko‘rdi? — dedi Ishayo. — Saroyimdagi hamma narsani ko‘rdilar. Xazinalardan men ularga ko‘rsatmagan hech narsa qolmadi, — deya javob berdi Hizqiyo. Shunda Ishayo aytdi: — Endi Sarvari Olamning so‘ziga quloq sol. Egamiz aytmoqdaki: “Bir kun kelib, saroyingdagi hamma narsa, ota–bobolaringning bugungacha to‘plab qoldirganlari Bobilga tashib ketiladi. Hech narsa qolmaydi. Sening pushti–kamaringdan bo‘lgan o‘g‘illaringdan ba’zilari ham olib ketiladi. Ular Bobil shohining saroyida bichilgan qullar bo‘lib xizmat qiladi.” Hizqiyo Ishayoga: — Egamiz sen orqali aytgan so‘zlar yaxshi ekan, — dedi–da, ichida: “Umrim oxirigacha tinch, xotirjam yashar ekanman”, deb o‘yladi. “Yupating, xalqimni yupating, — demoqda Xudoyingiz. — Quddusning ruhini ko‘tarib, unga ayting: ‘Azob kosang to‘lib bo‘ldi, Ayblaring uchun jazo olib bo‘lding. Hamma gunohlaring evaziga Men, Egangdan ikki karra olding.’” Bir ovoz shunday hayqirmoqda: “Sahroda Egamizga yo‘l hozirlang, Cho‘lda Xudoyimizga to‘g‘ri yo‘l oching. Har bir jarlik yuksaladi, Har bir tog‘u tepalik pasayadi. O‘nqir–cho‘nqir joylar tekis bo‘ladi, O‘ydim–chuqur yer tekislik bo‘ladi. O‘shanda Egamizning ulug‘vorligi zohir bo‘ladi, Butun jonzot birgalikda buni ko‘radi. Ha, Egamiz O‘z og‘zi bilan shuni aytdi.” Bir ovoz: “E’lon qil!” deb aytdi, Ikkinchisi: “Nimani e’lon qilaman?” deb so‘radi. Birinchi ovoz shunday dedi: “Inson zotining hammasi maysaday, Ularning barcha sodiqligi dala guli kabidir. Ularning ustidan Egamizning nafasi esganda O‘tlar quriydi, gullar so‘lib qoladi. Mana, bu xalq maysaning o‘zi. O‘tlar quriydi, gullar so‘lib qoladi, Xudoyimizning kalomi esa abadiy turadi.” Ey xushxabar keltirgan Quddus, Baland toqqa chiq! Ey xushxabar keltirgan Sion, Baland ovozda e’lon qil! Qo‘rqmagin, jar solgin! Yahudo shaharlariga: “Mana sizning Xudoyingiz”, deb aytgin. Mana, Egamiz Rabbiy qudrat ila keladi, Qudrati ila hukmronlik qiladi. Uning O‘zi taqdirlaydi, Mukofotini O‘zi bilan olib kelmoqda. Cho‘pon kabi U O‘z suruvini boqadi, Qo‘zilarni qo‘llarida ko‘taradi. Ularni ko‘tarib, bag‘riga bosadi, Qo‘zilari bilan birga ona qo‘yni Ehtiyotlab haydab boradi. Kim hovuchi ila suvlarni o‘lchagan?! Kim qarichlab osmonni o‘lchagan?! Zamin tuprog‘ini o‘lchagan bormi?! Kim tog‘larni tarozida tortib ko‘rgan?! Tepaliklarni tarozi pallasida tortgan?! Kim Egamizning Ruhiga yo‘l ko‘rsatadi?! Kim Unga maslahat beradi?! U kimga maslahat solgan?! Kim Unga nasihat bergan?! Kim Unga adolat yo‘lini o‘rgatgan?! Unga bilim bergan bormi?! Idrok yo‘llarini Unga ko‘rsatgan bormi?! Axir, elatlar chelakdagi bir tomchi suvdaydir, Ular tarozi pallasidagi chang kabidir. Mana, orollarni ham Egamiz changday ko‘taradi. Lubnon yurtidagi hayvonlar qurbonlikka ozlik qiladi, O‘rmonlarining daraxtlari esa yetarli o‘tin bo‘lmaydi. Jamiki elatlar Egamiz oldida hech nima emas, Egamiz nazarida ular arzimas, bo‘shliqdir. Xo‘sh, Xudoni kimga o‘xshatasiz?! Unga qanday qiyofani berasiz?! Hunarmand yasagan butnimi?! Axir, usta uni oltin bilan qoplagan. Unga kumush zanjirlar yasab bergan. Unday qilishga qurbi yetmagan esa Chirimaydigan yog‘och topadi. Mohir usta tanlab, Yiqilib tushmaydigan but yasatadi. Bilmaysizmi?! Eshitmaganmisiz?! Boshidan sizga aytilmaganmi?! Dunyo poydevoriga qarab ham tushunib yetmaysizmi?! Xudo osmon gumbazi ustida o‘tiradi, Zamin ahli chigirtka kabidir. Xudo osmonni parda kabi yoygan, Odamzod makon qilsin, deya chodir kabi qurgan. Shahzodalarni U pastga uradi, Zamin hukmdorlarini yo‘qqa chiqaradi. Evoh, ular ekilishi bilanoq qurib qoladi. Yerga o‘tqazilishi bilanoq so‘lib qoladi. Ildiz otishi bilanoq qurib qoladi. Ha, Egamizning nafasi ularni quritadi. Bo‘ron ularni somonday uchirib ketadi. “Meni kimga qiyoslaysiz? Kim Menga teng kela olar?” — deb aytadi muqaddas Xudo. Ko‘zlaringizni osmonga tiking, qarang: Axir, bularni kim yaratgan? Xudo osmonga yulduzlarni terib qo‘ygan–ku! Uning O‘zi har biriga nom bergan–ku! O‘zining buyuk kuchi, ulug‘ qudrati bilan Har birini o‘z joyiga chiqarmay qo‘ymaydi. Ey Yoqub nasli, nima uchun sen: “Boshimga tushganni Egamiz ko‘rmaydi”, deysan? Ey Isroil xalqi, nima uchun sen: “Mashaqqatlarimni Xudoyim unutgan”, deb aytasan? Nahotki bilmaysan? Nahotki eshitmagansan? Egamizning O‘zi abadiy Xudo–ku! Butun olamni U yaratgan–ku! U charchamaydi, holdan toymaydi, Uning donoligini bilib bo‘lmaydi. U toliqqanga kuch beradi, Zaifning kuchiga kuch qo‘shadi. Hatto yoshlar charchaydi, holdan toyadi, Yigitlar qoqilib, yiqiladi. Xudodan umid qilganlar esa Yangidan kuch oladi, Burgut singari qanot qoqadi. Ular yugurib, charchamaydi, Yurib ham hech toliqmaydi. Egam aytar: “Mening oldimda sukut saqlang, Ey dengiz ortidagi yurtlar! Xalqlarning kuchi qayta tiklansin. Ular yaqinroq kelib, gapirsinlar. Hukm qilishga birga yig‘ilaylik. Kim sharqdan g‘olib shohni chaqirdi? Kim uni o‘z xizmatiga chaqirdi? Kim unga elatlarni bo‘ysundiradi? Kim shohlarni oyog‘i ostida ezadi? Qilichi bilan ularni chopib tashlaydi, Yoyi bilan ularni somonday uchiradi. Ularni ta’qib qiladi, Oyoq bosmagan yo‘ldan yuradi, O‘sha joylardan eson–omon o‘tadi. Bularni qiladigan kim, bajaradigan kim?! Boshidan avlodlarni dunyoga keltirgan kim?! Men emasmi?! Azaldan Men sizning Egangizman, Oxirgacha ham Egangiz bo‘laman. Dengiz ortidagi yurtlar Buni ko‘rib, qo‘rqadi. Yer yuzining to‘rt burchidan titrab, Ular yaqinlashib keladi. ‘Qo‘rqmagin’, deya hamma Bir–biriga dalda beradi. Mana, hunarmand odam Tilla ustasiga dalda beradi. ‘Ha, yaxshi chiqdi’, deb misgar Temirchiga dalda beradi. Yiqilib tushmasin, deb butni mixlab qo‘yadi. Ammo sen–chi, ey qulim Isroil, Ey O‘zim tanlagan Yoqub nasli, Do‘stim Ibrohimning avlodi! Seni yerning to‘rt burchidan olib keldim, Yerning olis burchaklaridan chaqirdim. Aytdimki: ‘Sen Mening qulimsan, Seni tanladim, rad etmadim.’ Qo‘rqma, Men sen bilan birgaman, Vahimaga tushma, Men sening Xudoyingman. Senga kuch beraman, O‘zim yordamga kelaman, G‘olib o‘ng qo‘lim bilan seni qo‘llayman. Ha, senga qarshi bo‘lganlarning hammasi Sharmandayu sharmisor bo‘lib qoladi, Dushmanlaring yo‘q bo‘ladi, nobud bo‘ladi. Urush qiladiganlarni izlab ham topa olmaysan, Sen bilan jang qilganlar tamomila tugab bitadi. Men O‘zim, Egang Xudo, o‘ng qo‘lingni kuchaytiraman, Senga: ‘Qo‘rqma, O‘zim yordamga kelaman’, degan Menman.” Egamiz shunday aytmoqda: “Qo‘rqma, ey Isroil xalqi, Yoqub nasli! Sen kichkina bir chuvalchangdaysan. Ammo O‘zim senga yordam beraman. Men, Isroil xalqining muqaddas Xudosi, Sening Qutqaruvchingman. Sendan bug‘doy yanchadigan xo‘ptir yasayman, Yangi, o‘tkir, tishli xo‘ptir qilaman, Sen tog‘larni yanchasan, ezasan, Tepaliklarni somon qilasan. Sen ularni sovurib tashlaysan, Ularni shamol uchirib ketadi. Bo‘ron ularni to‘zg‘itadi, Sen esa Men, Egang, tufayli sevinch topasan, Isroil xalqining muqaddas Xudosi ila maqtanasan. Qashshoqlaru muhtojlar suv izlar, Ammo suv yo‘q. Og‘izlari chanqoqdan qurib ketgan. Men, Egangiz, ularga javob beraman, Men, Isroil xalqining Xudosi, ularni tark etmayman. Yalang‘och tepaliklar ustidan daryolar o‘tkazaman, Vodiylar o‘rtasida buloqlar ochaman. Sahrolarni suv to‘la hovuzlarga aylantiraman, Qaqragan yerda buloqlar ochaman. Cho‘lda sadr, akas, zaytun daraxtlarini, Hamda mirta butalarini o‘stiraman, Sahroda sarv, archa, qarag‘ay daraxtlarini o‘stiraman. Mana, hamma ko‘rib bilsin, Bularni Men, Egasining qo‘li qilganini tushunsin. Men, Isroil xalqining muqaddas Xudosi, Bularni yaratganimni ular anglab yetsin.” Yoqub naslining Shohi — Egamiz, shunday deydi: “Da’volaringizni ayting, Isbotingizni keltiring. Qani, butlaringizni olib keling, Kelajakda nima bo‘lishini Butlaringiz aytib bersin. O‘tmishda bo‘lganlarni tushuntirsin–chi! O‘shalar haqida o‘ylab ko‘raylik. Oxiri nima bo‘lishini bilaylik. Ha, bo‘ladiganlarni bizga aytsin. Ey butlar! Kelajakni bizga bildiring, Shunda xudo ekanligingizni bilamiz. Biron yaxshilik yoki yomonlik qilib ko‘ring–chi, Ko‘rib, birgalikda vahimaga tushaylik. Axir, sizlar hech nima emassiz, Ishlaringiz esa undan ham battar. Sizni tanlaganning o‘zi jirkanchdir. Men shimoldan bir yetakchi chaqirdim. Ana, u keladi. Sharqdan kelib, Mening nomimga shuhrat keltiradi. Hukmdorlarni u tuproqday oyoq osti qiladi, Kulolning loyiday qilib tepkilaydi. Kim buni oldindan aytibdiki, biz bilibmiz?! Kim buni ilgari bildiribdiki, ‘U haq edi’, deb aytsak?! Sizlar gapirganingizni hech kim eshitmadi, Hech kim aytmadi, xabar bermadi. Quddusga bashorat qilinganlar, Qarang, mana o‘shalar! Ha, Sionga yana xushxabar elchisini Men yubordim. Qaradim, lekin birontasi yo‘q, Orasida birorta maslahatchi yo‘q, So‘raganda javob beradigani yo‘q. Qarang, butlarining hammasi soxta, Qilgan ishlari hech nima emas, Hamma butlari shamolday behuda.” Egam aytar: “Mana Mening qulim, O‘zim uni qo‘llab–quvvatlayman. Men O‘zim uni tanlaganman. Undan juda mamnunman. Men unga O‘z Ruhimni berdim, U elatlarga adolat keltiradi. U baqir–chaqir qilmaydi, qattiq gapirmaydi, Ko‘chalarda ovozini baland ko‘tarmaydi. Ezilgan qamishni sindirmaydi, Tutayotgan pilikni o‘chirmaydi, Sodiq bo‘lib, adolat keltiradi. Yer yuzida adolat o‘rnatmaguncha U holdan toymaydi, Uning jasorati so‘nmaydi. Dengiz ortidagi yurtlar Uning yo‘l–yo‘riqlarini kutadi.” Osmonni yaratib, uni yoygan, Yerni yaratib, uni to‘ldirgan, Yer yuzidagi insonlarga jon bergan, Yer yuzida yashaydiganlarga hayot bergan Xudo, bizning Egamiz shunday aytmoqda: “Men, Egang, najot olib kelish uchun seni chaqirdim. Men sening qo‘lingni kuchaytiraman, O‘zim seni himoya qilaman. Xalqim bilan tuzgan ahdimni Sen orqali amalga oshiraman, Jamiki elatlarga sen orqali nur sochaman. Sen ko‘rlarning ko‘zlarini ochasan, Mahbuslarni zindondan ozod qilasan, Zulmatda o‘tirganlarni qutqarasan. Men Egangizman! Mening nomim shudir! Men shuhratimni birovga bermayman, O‘zimga munosib bo‘lgan hamdu sanoni Butlar bilan baham ko‘rmayman. Men sizlarga kelajakdagi voqealarni Yuz bermasdan oldin aytyapman. Oldin ayon qilganlarimga qarang. Ana, o‘shalar bajo bo‘ldi–ku!” Egamizga yangi bir qo‘shiq ayting! Yer yuzining har bir chetidan Egamizni tarannum eting! Ey kemalarda suzib keladiganlar, Dengizdagi barcha jonzotlar, Egamizga qo‘shiq ayting! Ey dengiz ortidagi yurtlaru Bu yurtlarni to‘ldirganlar, Egamizga qo‘shiq ayting! Sahrolar, u yerdagi shaharlar xitob qilsin, Kedar qishloqlarining ahli shod bo‘lsin! Sela ahli shodlikdan kuylasin, Tog‘ cho‘qqilaridan hayqirsin! Ular Egamizni ulug‘lasin, Dengiz ortidagi yurtlarda ham Unga hamdu sanolar aytsin! Egamiz bahodir yigitday olg‘a bosadi, U g‘ayratli jangchiday keladi, xitob qiladi. Hayqirib, dushmanlaridan ustunligini ko‘rsatadi. Egam aytar: “Uzoq vaqt sukut saqladim, Jim turdim, O‘zimni tutdim. Endi esa tug‘ayotgan ayolday Og‘ir nafas olaman, faryod qilaman. Tog‘u tepaliklarni vayron qilaman, Jamiki o‘t–o‘lanni quritaman, Irmoqlarni quruq yerga aylantiraman, Hatto botqoqliklarni quritaman. Ko‘zi ojizlarni bilmagan yo‘llaridan yurdiraman, Ularni notanish so‘qmoqlardan olib boraman. Ko‘zlaridagi zulmatni yorug‘likka aylantiraman, O‘nqir–cho‘nqir yo‘llarni tekislayman. Mana shu aytganlarimni qilaman, Ularni tark etmayman. Butlarga ishonganlar uyatga qoladi. Ha, butlarni ‘xudolarimiz’ deydiganlar Sharmandayu sharmisor bo‘ladi. Eshiting, ey karlar, Qarang, ko‘rib qo‘ying, ey ko‘rlar! Mening qulimday ko‘r bo‘lgan bormi?! Men yuborgan xabarchiday kar bo‘lgan bormi?! Men tanlaganlarimday ko‘r bo‘lgan bormi?! Men, Egangizning quliday ko‘r bo‘lgan bormi?! Ey xalqim! Ko‘p narsalarni ko‘rasiz–u, e’tibor bermaysiz, Quloqlaringiz ochig‘u eshitmaysiz.” O‘z adolati haqi, Egamiz O‘z qonunlarini Ulug‘ va sharafli qilmoqni istadi. Ammo bu xalq talon–taroj qilingan, Hammasi zindonda tutqun, qamoqqa tashlangan. Ular qo‘lga tushdi, qutqaradigan yo‘q. Ular o‘lja bo‘ldi, “Qaytarib ber”, deydigan yo‘q. Qaysi biringiz bularni eshitasiz, E’tibor berib, o‘tmishga quloq solasiz?! Yoqub naslini o‘lja qilib qo‘ygan kim? Isroil xalqini talonchilarga bergan–chi? Egamiz emasmi?! Axir, biz Unga qarshi gunoh qildik–ku! Uning yo‘lidan yurishni istamadik, Uning yo‘l–yo‘riqlariga quloq solmadik. Shu bois Egamiz qaqshatqich g‘azabini, Shafqatsiz urushni boshingizga keltirdi. Alanga sizni o‘rab olsa ham tushunmadingiz, Sizlarni kuydirsa ham, anglab yetmadingiz. Endi ey Yoqub nasli, seni yaratgan Egamiz gapirmoqda! Ey Isroil xalqi, seni barpo qilgan Egamiz shunday aytmoqda: “Men seni qutqardim, Sening ismingni aytib chaqirdim, Sen Menikisan, qo‘rqma! Suvlardan o‘tganingda Men sen bilan birga bo‘laman. Daryolardan o‘tganingda Suvlar seni ko‘mmaydi. Olovdan o‘tganingda yonmaysan, Olov seni kuydirmaydi. Ha, Men sening Egang Xudoman, Isroil xalqining muqaddas Xudosi — Qutqaruvchingman. Sen uchun to‘lov qilib Misrni berdim, Habashiston, Savo yurtlarini sening o‘rningga berdim. Ko‘z oldimda azizsan, qadrlisan, Men seni sevaman. Shu bois sening evazingga odamni, Joning evaziga xalqlarni beraman. Qo‘rqma, Men sen bilan birgaman, Naslingni sharqdan olib kelaman, Sizlarni g‘arbdan yig‘ib kelaman. Shimolga: ‘Ularni ber’, deyman. Janubga: ‘Ularni ushlab qolma’, deb aytaman. O‘g‘illarim uzoqlardan, Qizlarim yerning chetlaridan kelsin. Menga tegishli bo‘lganlarni O‘z shuhratim haqi yaratdim, O‘zim ijod qilib, ularni bino qildim.” O‘sha xalqni ozod qilgin. Ko‘zi bor, ammo ko‘r bo‘lgan, Qulog‘i bor, ammo kar bo‘lgan O‘sha xalqni ozod qilgin. Jamiki elatlar birga yig‘ildi. Qani, xalqlar kelib qo‘shilsin. Ularning orasidan kim buni aytib beradi?! O‘tib ketgan narsalarni kim bizga bildiradi?! Guvohlarini chaqirib, haqligini isbotlasin, Boshqalar eshitib: “Bu to‘g‘ri”, deb aytsin. Egamiz shunday aytmoqda: “Sizlar mening shohidimsizlar, Sizlar mening qulimsizlar. Meni bilsin, Menga ishonsin, deb Tanho Xudo Men ekanligimni bilsin, deb Sizlarni tanladim. Mendan oldin biron xudo bo‘lmagan, Mendan keyin ham bo‘lmaydi. Men Egangizman! Yolg‘iz Men Egangizman, Mendan boshqa qutqaruvchi yo‘q. Men O‘zim aytdim, qutqardim, bildirdim, Orangizda boshqa biron xudo yo‘q.” Egamizning kalomi shudir: “Men Xudoman, sizlar Mening shohidimsiz. Ha, azaldan buyon Men O‘shaman, Hech kim Mening qo‘limdan qutqara olmaydi. Men qilganimni kim bekor qila oladi?!” Isroil xalqining muqaddas Xudosi, Qutqaruvchingiz — Egamiz shunday demoqda: “Sizlarni deb Bobil ustiga lashkar yuboraman, O‘zlari faxrlangan kemalarda Bobilliklar qochishga majbur bo‘ladilar. Men muqaddas Xudoyingiz — Egangizman, Isroil xalqining Yaratuvchisi — Shohingiz Menman.” Egamiz shunday demoqda: “Men dengizni bo‘lib, yo‘l qildim, Bahaybat suvlar ichra so‘qmoq ochdim. Jang aravalariyu otlarni, Lashkaru jangchilarni olib chiqdim. Ana ular yotibdilar, turmaydilar. Pilikday miltirab, o‘chib qolganlar. O‘tmishdagilarni yodga olmang, Qadimgilarni o‘ylayvermang. Mana, Men yangi bir ish qilyapman. Shu paytning o‘zidayoq sodir bo‘lyapti! Ko‘rmayapsizmi?! Men sahroda yo‘llar ochaman, Ha, cho‘lda daryolar yarataman. Hatto yovvoyi hayvonlar Meni ulug‘laydi, Chiyabo‘ri, tuyaqushlar ham Meni sharaflaydi. Zotan, tanlagan xalqimga suv beray, deya Sahroga suvlar yubordim, Cho‘lda daryolar yaratdim. Bu xalqni O‘zim uchun yaratganman. Ular Menga hamdu sano aytsinlar. Sen esa, ey Yoqub nasli, Menga sajda qilmading! Ey Isroil xalqi! Sen Mendan bezor bo‘lding. Kuydiriladigan qurbonlik qilib, Qo‘ylaringni Menga olib kelmading. Qilgan qurbonliklaring bilan Meni ulug‘lamading. Don nazrlarini og‘ir yuk qilmadim–ku! Tutatqilar so‘rab, seni charchatmadim–ku! Menga xushbo‘y hidli qamish sotib olmading. Qurbonliklar yog‘i bilan Meni to‘ydirmading. Evoh, gunohlaring bilan Menga yuk bo‘lding, Ayblaring bilan Meni charchatding. O‘zimning haqi–hurmatim Ayblaringni kechiradigan Menman. Gunohlaringni yodga olmayman. Qani, birga da’volashaylik. Gapir! Aybsizligingni isbotla–chi! Yodimga sol–chi! Axir, eng katta bobong gunoh qilgandi. Payg‘ambaru ruhoniylaring Menga qarshi chiqqandi. Shu bois muqaddas maskanning Boshliqlarini harom qilaman. Ha, Yoqub naslini halokatga, Isroil naslini haqoratga hukm etaman.” Egam aytar: “Endi eshit, ey qulim Isroil! Ey Yoqub nasli! Men seni tanlaganman. Men, Egang, seni yaratganman, ona qornida senga shakl berganman. Sening madadkoring, Men, shunday aytmoqdaman: ‘Qo‘rqma, ey aziz Isroil! Ey Yoqub nasli, Men seni tanlaganman. Chanqoq yerga Men suv beraman, Qaqragan tuproqda irmoqlar oqizaman. Naslingga Ruhimni beraman, Zurriyoting ustiga O‘z barakamni yog‘diraman. Ular oqar suv bo‘yidagi tol daraxti kabi, Maysalar orasidan o‘sib chiqadi. Biri: «Men Egamnikiman», deb aytadi, Boshqasi Isroil xalqiga qo‘shilay, deb keladi. Yana biri qo‘liga: «Egamniki», deb yozadi–da, Isroil xalqining biriman, deb aytadi.’” Isroilning Shohi, uning Qutqaruvchisi, Sarvari Olam — Egamiz shunday aytmoqda: “Birinchiyu oxirgi Men O‘zimman, Mendan boshqa hech bir xudo yo‘q! Kim Menga o‘xshaydi? Qani, gapirsin–chi! Qadimiy xalqni yaratganimdan beri Nima bo‘lganlarini boshdan aytib bersin! Kelajakda nima bo‘lishini bildirsin. Vahimaga tushmang, qo‘rqmang! Sizga qadimdan e’lon qilib, bildirmadimmi?! Sizlar Mening guvohlarimsiz! Mendan boshqa xudo bormi?! Yo‘q, boshqa qoya yo‘q. Men boshqa hech birini bilmayman! But yasaydiganlarning hammasi hech narsadaydir. Xush ko‘rgan butlari hech foyda keltirmaydi. O‘sha butlarning guvohlari ko‘r, johildir. Shuning uchun ular sharmanda bo‘lib qoladi! Axir, kim foydasiz xudolarning tasvirlarini yasaydi! Hali o‘sha butparast do‘stlarning hammasi sharmanda bo‘ladi. But tayyorlovchilarga qarang. Ular ham oddiy odamlar–ku! Qani, hammasi to‘plansin! Ular qo‘rquvga tushib, birgalikda sharmandayu sharmisor bo‘ladi. But yasaydigan temirchi asbobini oladi. Buyumni ko‘mir cho‘g‘i ustida qizdiradi. Bolg‘asi bilan uni yasaydi. Qo‘lining kuchi bilan ishlaydi. Qorni ochib, holdan toyadi. Tashnalikdan sillasi quriydi. Duradgor ip bilan yog‘ochni o‘lchaydi. Xohlagan shaklini chizib olib, randa bilan ishlov beradi. Uni inson shaklida yasaydi. Unga inson chiroyini beradi–da, sajdagohga o‘rnatadi. O‘rmonda sarv, eman daraxtlarini tanlaydi. U o‘zi uchun sadr daraxtlaridan kesib oladi. Yoki qarag‘ay daraxtini o‘tqazadi. Yomg‘ir esa o‘sha daraxtni o‘stiradi. Keyin bular odamga o‘tin bo‘ladi. Odam yog‘ochning ba’zilarini olib isinadi. Ba’zilarini esa yoqib, non yopadi. Yana o‘ziga xudo ham yasab, unga sajda qiladi. But yasab, unga muk tushib, ta’zim qiladi! U o‘tinlarning yarmini yoqadi. Olovda go‘sht pishirib, qornini to‘ydiradi. Isinib bo‘lgach: ‘Oh, oh, isinib oldim, olovning taftidan jonim orom olyapti’, — deydi. Yog‘ochning qolganidan esa xudosini, o‘zining butini yasaydi. ‘Meni o‘zing qutqar, axir, sen mening xudoyimsan!’ deb butga ibodat qiladi, muk tushib sajda etadi. Ular hech narsani bilmaydilar, tushunmaydilar. Ko‘zlariyu yuraklarida to‘siq bor, ular ko‘rmaydi, tushunmaydi. Birortasi ham o‘ylab ko‘rmaydi. ‘O‘tinning bir qismini yoqdim. Olovida non yopdim, go‘sht pishirib yedim. Endi qolganidan jirkanch narsa yasaymanmi?! Yog‘och g‘o‘lasiga ta’zim qilamanmi?!’ — deb aytishga aql–idrok yo‘q. Eh, kul yeydiganlar! Aldangan qalbi uni adashtiradi. U o‘z jonini qutqara olmaydi. ‘Qo‘limdagi shu narsa soxta–ku!’ — deb o‘ziga aytmaydi. Ey Yoqub nasli! Ey Isroil xalqi! Bularni yodda tut! Sizlar Mening qulimsiz. Men sizlarni yaratdim, Ha, sizlar Mening qulimsiz! Ey Isroil, Men sizlarni unutmayman! Gunohlaringizni bulutday haydadim, Ayblaringizni tumanday tarqatdim, Sizlarni qutqarganman, Menga qayting.” Ey samolar, shodlikdan hayqiring! Mana, Egamiz ajoyib bir ish qildi! Hayqiring, ey zaminning tubsiz joylari! Shodlikdan hayqiring, ey tog‘lar, Ey o‘rmon, o‘rmondagi har bir daraxt! Ha, Egamiz Yoqub naslini qutqarib, O‘ziga oldi. U Isroil xalqi orasida ulug‘lanmoqda. Qutqaruvchingiz, onangiz qornida sizga shakl bergan Egamiz shunday aytmoqda: “Hammasini yaratgan Men Egangizman, Yolg‘iz O‘zim samolarni yoyganman! Bir O‘zim zaminni yaratganman! Folbinlarning alomatlarini behudaga chiqaraman, Bashoratgo‘ylarni laqillataman, Donishmandlarga zarba berib, Bilgan narsalarini nodonlikka chiqaraman. O‘z qulimning bashoratini ijro etaman, Elchilarimning aytganlarini qilaman. Men Quddus haqida: ‘Bu yerda yana inson yashaydi’, deb aytmoqdaman. Yahudo shaharlari haqida: ‘Ular qaytadan quriladi, Vayronalarini tiklayman’, deb aytmoqdaman. Chuqur suvlarga shunday deyman: ‘Qurib bit! Daryolaringni quritaman.’ Shoh Kurush haqida shunday deyman: ‘U Mening cho‘ponim. Mening barcha xohishimni u bajaradi.’ Kurush shunday deydi: ‘Quddus qayta qurilsin, Ma’bad yana tiklansin.’” Egam aytar: “Men shoh Kurushning o‘ng qo‘lini kuchaytirdim. Xalqlarni unga itoat ettiray, deya Shohlarni qurolsizlantiraman. Uning oldida eshiklar ochiq turadi, Darvozalar yopilmaydi.” Egamiz O‘zining tanlagani — Kurushga shunday aytmoqda: “Men O‘zim Sening oldingda boraman, Tog‘larni tekislikka aylantiraman, Bronza eshiklarni parchalayman, Temir tambalarni sindiraman. Men Egang ekanligimni bilib olgin, Sening ismingni aytib chaqirayotgan Men Isroil xalqining Xudosi ekanligimni anglagin, deb Yashirib qo‘yilgan boyliklarni, Zulmatdagi xazinani senga beraman. Qulim Yoqub haqi, O‘zim tanlagan Isroil haqi, Sening ismingni aytib chaqirdim. Senga nom ato qildim, Ammo sen Meni bilmaysan. Men Egangman, boshqasi yo‘q, Mendan boshqa xudolar yo‘q! Senga madad beraman, Ammo Meni bilmaysan. Mendan boshqa biri yo‘qligini Sharqu g‘arbda hamma bilsin, dedim. Men Egangman, boshqasi yo‘q! Men yorug‘lik yarataman, zulmat bino qilaman, Farovonlik yuboraman, kulfat yog‘diraman. Men Egangman! Bularning hammasini Men qilaman! Ey samolar, yuqoridan solihlik yog‘diring, Ha, solihlik bulutlardan quyilsin. Yer ochilib, najot kelib chiqsin, Solihlik bilan birga yashnasin. Men Egangizman! Men uni yaratganman.” Holingizga voy! Ey Yaratuvchi bilan bahslashadiganlar! Tuproqdan yasalgan ko‘zayu xumlar! Axir, loy kulolga: “Nima qilyapsan?” deydimi?! “Yasayotgan narsangning qo‘llari yo‘q–ku!” deb aytadimi?! Ey otasiga: “Nimaga tug‘diryapsiz?” degan bolalar! Onasiga: “Nimaga tug‘yapsiz?” degan farzandlar! Sizlarning holingizga voy! Isroil xalqining muqaddas Xudosi, Uning Yaratuvchisi — Egamiz shunday aytmoqda: “Xo‘sh, endi O‘z farzandlarimning Taqdiri haqida Meni so‘roqqa tutasizmi?! O‘z qo‘llarim ijodi to‘g‘risida Menga ko‘rsatmalar berasizmi?! Zaminni barpo qilgan, Yer yuzida insonni yaratgan Menman. Men O‘z qo‘lim bilan osmonni yoydim, Barcha samoviy jismlarga Men buyruq berdim. Men O‘zim Kurushni qo‘zg‘atib, Unga g‘alaba beraman. Uning barcha yo‘llarini tekislayman. U Mening shahrimni quradi. Porayu mukofot olmasdan Mening asirlarimni qo‘yib yuboradi.” Sarvari Olam shunday dedi. Egamiz aytmoqda: “Misrning boyliklari, Habashistonning tijorat foydalari seniki bo‘ladi! Savo yurtining baland bo‘yli odamlari senga keladi. Ular senga ergashadi. Zanjirband bo‘lib, senga ta’zim qiladi. Yolvorib: ‘Ha, Xudo sizning orangizda! Boshqa hech bir xudo yo‘q!’ deydi.” Ey Isroil xalqining Xudosi — Qutqaruvchi! Haqiqatan ham, Sen O‘zini yashiradigan Xudosan. But yasaydiganlar birgalikda uyatga qoldi. Hammasi sharmandayu sharmisor bo‘ldi. Isroilni esa Egamiz qutqardi, To abad najot berdi! Sizlar sharmanda bo‘lmaysiz, To abad uyatga qolmaysiz! Egamiz Samolarni yaratgan U Xudodir! U yerni barpo qilgan, mustahkamlagan. Yerni bo‘sh qilib emas, Yashashga loyiq qilib yaratgan. U shunday deb aytmoqda: “Men Egangizman, boshqasi yo‘q. Men sizlarga yashirin joyda, Zulmatli yurtda gapirmadim. Men Yoqub nasliga: ‘Bo‘sh joylardan Meni qidiring!’ deb aytmadim. Men Egangizman. Haqiqatni aytaman, To‘g‘risini e’lon qilaman. Ey xalqlarning omon qolganlari, Yig‘ilinglar, yaqinlashib, birga kelinglar! Yog‘och butlarini olib yuradiganlar, Qutqarmaydigan xudoga ibodat qiladiganlar Hech narsani anglab yetmaydilar. Gapiring, isbot keltiring. O‘zaro maslahatlashing. Bu to‘g‘rida kim qadimdan xabar berdi? Azaldan kim aytib bergan edi? Men Egangiz emasmi?! Mendan boshqa xudolar yo‘q! Men odil Xudoman, Qutqaruvchiman! Mendan boshqasi yo‘q. Menga yuz buring, najot topasiz, Ey zaminning barcha chetlari! Ha, Men Xudoman, boshqasi yo‘q. O‘zim haqim ont ichdim, Og‘zimdan to‘g‘ri so‘z chiqdi, behuda ketmas. Chunki Mening oldimda har bir tizza cho‘kka tushadi, Har bir til Menga sadoqat qasamini ichadi. Men haqimda: ‘Faqatgina Egamizda adolat, qudrat bor’, deb aytadilar. Mendan g‘azablanganlarning hammasi Menga keladilar, ular uyalib qoladilar. Ammo butun Isroil nasli Men, Egasi tufayli najot topadi. Ular maqtovga sazovor bo‘ladi.” Egam aytar: “Bel tiz cho‘kdi, Navo bukildi. Ularning butlari molu hayvonga yuk bo‘ldi. Oldin ko‘tarib yurganlaringiz Endi toliqqanga yuk bo‘ldi. Ular egildi, birga tiz cho‘kdi, Ular endi yukni qutqara olmaydi, O‘zlari esa asir bo‘lib ketadi. Ey Yoqub xonadoni! Menga quloq soling! Ey Isroil xonadonining omon qolganlari! Ey xalqim! Tug‘ilganingdan beri seni onaday ko‘tarib yurdim, Ha, dunyoga kelmasingdan oldin Men tayanching bo‘ldim. Keksayguningcha ham Men O‘shaman, Soching oqarganda ham seni ko‘tarib yuraman. Men seni yaratganman, O‘zim seni ko‘taraman. O‘zim seni ko‘tarib, qutqaraman. Meni kimga o‘xshatasan?! Kimga tenglashtirasan?! Meni kimga taqqoslaysan?! Nima, Men o‘shalar bilan teng bo‘lib qoldimmi?! Mana, odamlar hamyondan tilla chiqaradilar. Kumushni tarozilarda tortadilar. Usta yollab, xudo yasatadilar. Ular o‘sha xudosiga ta’zim qiladilar. Ha, unga sajda qiladilar. O‘sha xudosini opichlab olib boradilar, Uni joyiga o‘rnatib, turg‘izib qo‘yadilar. U joyidan qimirlamay turaveradi. Kimdir unga yolvorganda, javob bermaydi, Mashaqqatidan xalos qila olmaydi. Buni yodda tuting, mahkam bo‘ling! Ey isyonkorlar, buni esga olib turing! Azaldan bo‘lganlarni yodda tuting! Axir, Men Xudoman, boshqasi yo‘q! Men Xudoman, Menga o‘xshagani yo‘q! Oxirida nima bo‘lishini boshidayoq aytaman. Yuz bermaganlarni oldindan bildiraman. ‘Niyatlarim bajo bo‘ladi, Barcha istaklarimni ijro etaman’, deb aytmoqdaman. Sharqdan yirtqich qushni chaqiryapman. Ha, xohishimni bajaradiganni Uzoq yurtdan chaqiryapman. Men O‘z aytganimni bajo qilaman! Ha, o‘ylaganimni amalga oshiraman! Menga quloq soling, ey o‘jarlar! G‘alaba uzoq, deb o‘ylaganlar! Mana, g‘alaba keltiraman. U uzoqda emas, najotim kechikmaydi. Men Quddusga najot ato qilaman, Isroilga O‘z ulug‘vorligimni beraman.” Egam aytar: “Pastga tush, tuproqqa o‘tir, Ey bokira qiz Bobil! Yerga o‘tir, endi taxting yo‘q, Ey Bobilliklar! Mana, endi sen to‘g‘ringda: ‘Naqadar nozik, mayindir’, deb aytmaslar. Qani, tegirmon toshini ol, don yanchgin. Yopinchig‘ingni yech, etagingni yig‘ishtir, Boldiringni och, daryolardan kechib o‘t. Yalang‘och joylaring ochiladi, Sharmandaliging ko‘rinib qoladi. Men qasos olaman, Hech kimga shafqat qilmayman.” Qutqaruvchimiz Isroil xalqining muqaddas Xudosidir. Uning nomi Sarvari Olamdir. Egam aytar: “Jim o‘tir, qiz Bobil! Zulmatga jo‘na! Endi seni: ‘Yurtlarning malikasi’, deb aytmaydilar. Men xalqimdan g‘azablandim, O‘z mulkimni harom qildim. Ularni sening qo‘lingga berdim. Sen esa ularga shafqat qilmading, Hatto keksalarning yelkasiga ham G‘oyat og‘ir bo‘yinturuq solding. Shunda: ‘Men to abad olamning malikasi bo‘laman’, deb aytding. Ammo bularning nima bilan tugashini O‘ylab ko‘rmading, aqlingga keltirmading. Endi bunga quloq sol! Ey hashamatni sevuvchi! Bexatar o‘tirib, o‘zingcha aytasan: ‘Mendan boshqa malika yo‘q, Tul qolmasman, farzand dog‘ini ko‘rmasman.’ Mana shu ikkalasi ham Bir kunda boshingga tushadi: Ha, ko‘p sehr–jodular qilarding, Afsunlaringning kuchi ko‘p edi. Shunda ham tamomila bolalaringdan ayrilasan, Tul bo‘lib qolasan. O‘z yovuzligingga ishonding, ‘Meni hech kim ko‘rmaydi’, deding. Donoliging, biliming seni yo‘ldan adashtirdi, O‘zingga: ‘Mana, men! Mendan boshqasi yo‘q’, deding. Mana, boshingga kulfat tushadi, Uni sehr–jodu bilan daf qilolmaysan. Boshingga baxtsizlik yog‘iladi, Sen uni qaytara olmaysan. Halokat senga birdaniga keladi, Bu tushingga ham kirmagan. Qani, sehr–joduingni ishga sol, Ko‘proq afsungarlik qil, Axir, yoshligingdan bunday ishlarga Sen odatlangansan. Balki biron narsaga erisharsan, Balki birontasini qo‘rqitarsan. Olgan maslahatlaring ko‘pligidan Sen charchab qolding. Qani, endi o‘sha munajjimlaring, ta’birchilaring? Har yangi oy chiqqanda taqdiringdan bashorat qiladiganlar qani? Ular kelsin–chi! Endi o‘shalar seni qutqarsin. Ana, hammalari somonga o‘xshab qoldi–ku! Olov ularni yamlamay yutadi! Jonlarini olovdan qutqarolmaydi. Isinish uchun ko‘mirlari bo‘lmaydi. Oldida o‘tiray, desa olovi bo‘lmaydi. Yoshligingdan sen bilan oldi–berdi qilgan har bir odam, Sen bilan birga ishlaganlarning hammasi shunday bo‘lib qoladi. Ular o‘z yo‘liga qarab ketadi! Seni qutqaradigan biror kimsa bo‘lmaydi.” Eshiting buni! Ey Yoqub xonadoni! Ey Isroil nomi bilan ataladiganlar, Yahudo urug‘idan chiqqanlar! Sizlar Egamizning nomi bilan qasam ichasizlar, Isroil xalqining Xudosini tilga olasizlar, Ammo haqiqat va solihlik bilan emas. Ha, sizlar o‘zingizni muqaddas shahar nomi ila atadingiz, Isroil xalqining Xudosiga tayandingiz, Axir, Uning nomi Sarvari Olamdir. Egamiz sizlarga shunday dedi: “Bo‘lib o‘tganlarni oldindan Men aytdim, Og‘zimdan chiqishi bilan bularni bildirdim, Birdaniga harakat qildim va ular sodir bo‘ldi. Axir, qaysarligingni Men bilaman–ku! Bo‘yning temirday, peshanang bronzaday qattiqdir! ‘Bularni mening sanamim qildi, Quyma, o‘yma butlarim amr qildi’, deb Aytmagin, deya Men oldindan aytdim, Bajo bo‘lmasdan oldin, bo‘lib o‘tganlarni bildirdim. Bularning hammasini eshitding, Nahotki endi e’tirof etmasang?! Hozirdan boshlab yangilarini, O‘zing bilmagan yashirin narsalarni Senga eshittirdim. Bular hozir yaratildi, qadimda emas, Bu to‘g‘rida sen ilgari eshitmagansan. Yo‘q! Sen: ‘Men bularni bilaman–ku!’ — deb ayta olmaysan. Ha, eshitmagansan, bilmaysan ham, Hatto azaldan ham quloqlaring ochilmagandi. Men bilaman–ku xiyonatkor ekanligingni, Tug‘ilganingdanoq sen isyonkor deb atalgansan. O‘zimning ismim haqi g‘azabimni bosyapman, Sharafim haqi O‘zimni tutyapman, Bo‘lmasa, seni yo‘q qilgan bo‘lardim. Mana, Men seni pokladim, Ammo kumushday qilib emas. Seni kulfat o‘chog‘ida sinadim. O‘z haqim, ha, O‘z haqim uchun shunday qilaman! Axir, nimaga Men badnom bo‘lishim kerak?! Shuhratimni birovga berib qo‘ymayman. Menga quloq tut, ey Yoqub xonadoni! O‘zim chaqirgan Isroil xalqi, eshit! Men O‘shaman! Boshi ham, oxiri ham Men O‘zimman. Ha, Mening qo‘lim zaminning poydevorini qo‘ygan, Samolarni yoygan Mening qo‘limdir. Men ularni chaqirganimda Ular birgalikda turadi. Hammangiz to‘planib, eshiting! Butlarning qaysisi bularni bildirdi?! Kurushni Men, Egangiz, yaxshi ko‘raman. U Bobilda Mening niyatimni bajo keltiradi. Mening qo‘lim Bobilliklarga qarshi bo‘ladi. Men aytdim! Ha, Men O‘zim aytdim! Uni Men chaqirganman! Uni Men olib keldim, U g‘alabaga erishadi. Menga yaqinlashing! Bunga quloq soling! Azaldan hech narsani yashirmay aytdim, Boshidanoq Men o‘sha yerdaman.” Mana endi Egamiz Rabbiy meni Hamda O‘z Ruhini yubormoqda. Qutqaruvchingiz, Isroil xalqining muqaddas Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Men Egangiz Xudoman! Yaxshi bo‘ling, deb sizlarga yo‘l–yo‘riq ko‘rsataman, Yuradigan yo‘llaringizdan yetaklayman. Qani, endi amrlarimga quloq solganingizda! Farovonligingiz daryoday bo‘lardi, Zafaringiz dengiz to‘lqinlariday bo‘lardi. Urug‘ingiz qum kabi bo‘lardi, Naslingiz qum zarralariday son–sanoqsiz bo‘lardi. Ularning nomi o‘chib ketmagan bo‘lardi, Mening oldimdan yo‘qotilmagan bo‘lardi.” Endi Bobildan chiqib keting, Bobilliklardan qoching. Shodlik hayqiriqlari ila e’lon qiling! Dunyoning to‘rt chetiga bu xabarni yetkazing! “Egamiz O‘z qullari, Yoqub naslini qutqardi”, deb ayting! Egamiz ularni sahrodan olib borganda, Ular tashnalikdan qiynalmadilar. Xudo ular uchun qoyadan suv chiqardi. U qoyani yordi, suvlar pishqirib chiqdi. “Yovuzlarga omonlik yo‘q”, deydi Egamiz. Quloq soling, ey dengiz ortidagi yurtlar! E’tibor bering, ey uzoqdagi xalqlar! Tug‘ilmasimdan oldin Egam meni chaqirdi, Ona qornidaligimdayoq U ismimni aytib chaqirdi. U tilimni o‘tkir qilichday qildi, Qo‘lining soyasida U meni yashirdi. U meni uchli o‘qday qildi, O‘qdoniga meni yashirdi. U menga shunday dedi: “Sen Mening qulimsan, Ey Isroil, Men sen tufayli shuhrat topaman.” Men shunday dedim: “Men bekorga mehnat qildim, Kuchimni behuda, befoyda sarf etdim.” Ammo Egam meni hukm qiladi–ku, Mukofotlash Xudoyimning qo‘lidadir. Endi Egam gapirdi. Yoqub naslini Unga qaytarsin, deb Isroilni Uning oldiga to‘plasin, deb Onam qornidayoq meni O‘z quli qilib yaratdi. Egamning ko‘z oldida men shuhrat topaman, Xudoyim mening kuch–qudratim bo‘ldi. U shunday dedi: “Ha, Yoqub qabilalarini qayta tiklaysan, Isroildan qolganlarini qaytarasan. Men seni faqat shuning uchungina qulim qilmadim. Seni boshqa xalqlarga ham nur qilaman, Toki Mening najotim yerning chetigacha yetib borsin.” Xalqlar qattiq nafratlanib, rad qilganga, Hukmronlarning quli bo‘lganga Isroilning Qutqaruvchisi, muqaddas Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Seni ko‘rib, shohlar o‘rnidan turadi, Hukmdorlar tiz cho‘kib ta’zim qiladi. Isroil xalqining muqaddas Xudosi — Sodiq Egangiz haqi–hurmati shunday qiladi. Axir, U seni tanlagan–ku!” Egamiz shunday aytmoqda: “Muruvvat payti kelganda, Men senga javob berdim, Najot kuni kelganda, Men senga yordam berdim. O‘zim seni himoya qilaman, Xalqim bilan tuzgan ahdimni Sen orqali amalga oshiraman. Toki yurt qayta tiklansin, Tashlandiq mulklar taqsimlansin. Mahbuslarga: ‘Chiqinglar!’ demoqdaman. Zulmatdagilarga: ‘Ko‘rininglar!’ demoqdaman. Yo‘l bo‘yida ular o‘tloqlar topadi, Tap–taqir qirlar ularning yaylovi bo‘ladi. Ular na ochlikni, na tashnalikni biladi, Na garmsel, na jazirama quyoshdan azob chekadi. Mehr–shafqat ko‘rsatib, ularni yetaklayman, Ularni buloqlarga boshlab boraman. Hamma tepaliklarimni yo‘lga aylantiraman, Katta, shoh yo‘llarim ko‘tariladi. Mana, ular uzoqlardan keladi. Qarang, ular shimoldan, g‘arbdan, Sinim yurtidan ham keladi.” Shodlikdan kuylang, ey samolar, Xursand bo‘l, ey zamin! Qo‘shiqqa jo‘r bo‘ling, ey tog‘lar! Egamiz xalqiga tasalli berdi, Ezilgan xalqiga rahm qildi! Ammo Quddus shunday dedi: “Egam meni tark etdi, Rabbim meni unutib qo‘ydi.” Egam aytar: “Axir, ayol kishi emizikli bolasini unutadimi?! O‘zi tuqqan bolasiga rahm qilmaydimi?! Agar xotinlar bolasini unutsalar ham, Men seni aslo unutmayman! Qara, sening nomingni kaftimga yozib qo‘ydim, Devorlaring doimo ko‘z oldimdadir. Hademay, farzandlaring qaytib keladi, Seni vayron qilib, yo‘qotmoqchi bo‘lganlar Sendan chiqib ketadi. Boshingni ko‘tarib, atrofga qara, Hamma farzandlaring to‘planib, oldingga kelishdi.” Egamiz shunday demoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki, Hammasi zebu ziynatday seni bezatib turadi, Kelinchakday ularni taqinchoq qilib taqasan. Ha, yering kimsasiz, huvullab qolgandi, Yurting vayronaga aylangandi. Endi esa odam ko‘pligidan tor bo‘lib qoladi, Buzg‘unchilar sendan uzoqda yuradi. Asirlikda tug‘ilgan farzandlaring Hali senga shunday deydi: ‘Bu joy bizga torlik qilyapti, Joy bering, biz ham yashaylik.’ Shunda o‘zingga o‘zing deysan: ‘Ularni menga kim tug‘ib berdi? Farzandsiz edim, tug‘mas bo‘lib qolgandim. Surgunda edim, xor bo‘lgandim. Ularni kim menga katta qilib berdi? Yolg‘iz o‘zim qolgandim–ku, Endi ular qayerdan kelib qoldi?’” Egamiz Rabbiy shunday aytmoqda: “Mana, Men xalqlarga qo‘l ko‘tarib, ishora beraman, Elatlarga bayrog‘imni ko‘taraman. Bolalaringni ular qo‘llarida ko‘tarib keladi, Qizlaringni ular opichlab keladi. Shohlar senga xizmat qilib, boqadi, Malikalar senga enagalik qiladi. Boshlari yerga tekkuday bo‘lib, Ular senga ta’zim qiladi, Oyoqlaring changini yalab–yulqaydi. O‘shanda Men Egang ekanligimni bilasan. Menga umid bog‘lagan sharmanda bo‘lmaydi.” Biror kimsa kuchli jangchidan O‘ljani olib qo‘ya oladimi?! Nahotki zolimning qo‘liga asir tushgan qutula olsa?! Egamiz esa shunday aytmoqda: “Mana, kuchli jangchidan asirlar tortib olinadi, Zolimga o‘lja bo‘lganlar qutqariladi! Senga qarshi chiqqanlarga Men qarshi chiqaman, Sening bolalaringni Men O‘zim qutqaraman! Senga zulm qilganlarga o‘z tanasini yediraman, Ular sharob ichganday bo‘lib, o‘z qonidan mast bo‘ladi. Shunda jamiki odamzod Men najotkoring — Egang ekanligimni, Yoqub naslining qudratli Xudosi — Qutqaruvching ekanligimni bilib oladi.” Egamiz shunday aytmoqda: “Men onangizni haydab yuborgan edim, Uning taloq xati qani? Xo‘sh, sizni qaysi qarz beruvchimga sotibman? Mana, gunohlaringiz tufayli sotildingiz, Itoatsizligingiz dastidan onangiz haydaldi. Kelganimda nega biron kimsa yo‘q edi? Chaqirganimda nega hech kim javob bermadi? Sizni qutqarishga mening qo‘lim qisqami? Yoki sizni ozod qilishga kuchim yetmasmi? Bir tahdid qilsam dengiz quriydi, Daryolarni cho‘lga aylantiraman. Suvlar qurib, baliqlari sasiydi, Suv yo‘qligidan baliqlar o‘lib ketadi. Samolarga qora kiydiraman, Qanorni ularning yopinchig‘i qilaman.” Toliqqanlarga so‘z bilan madad bersin, deb Egam Rabbiy menga dono til berdi. Har tong U meni uyg‘otadi, Donolarday tinglasin, deb qulog‘imni ochadi. Egam Rabbiy qulog‘imni ochdi, Men itoatsizlik qilmadim, Men Undan yuz o‘girib ketmadim. Meni urganlarga kiftimni ochdim, Soqolimni yulganlarga yuzimni tutdim, Haqorat, tupurishlardan yuzimni yashirmadim. Egam Rabbiy menga madad beradi, Shu bois men hech sharmanda bo‘lmadim. Azoblarga bardosh berishga qaror qildim, Bilaman, sharmanda bo‘lmayman. Meni oqlaydigan yaqinimdadir, Men bilan da’volashadigan kim, yuzlashaylik–chi! Qani raqiblarim? Menga qarshi chiqsin! Mana, Egam Rabbiy menga madad beradi, Qani kim meni aybdor, deb ayta oladi?! Qarang, ularning hammasi kiyim kabi eskiradi, Ularni kuya yeb tamom qiladi. Orangizdan kim Egamizdan qo‘rqadi? Egamizning quli ovoziga quloq soladi? Zulmatda yurganlar, nurdan mahrum bo‘lganlar Egamizning nomiga umid bog‘lasin, Ha, o‘zining Xudosiga tayansin! Axir, hammangiz alanga yoqyapsiz, Mash’alalar yoqyapsiz. Alangangiz yorug‘ida yuravering, O‘zingiz yoqqan mash’ala yorug‘ida yuravering. Qarang, uning qo‘llari sizni nima qiladi: Azob–uqubat ichida yotasiz. Egam aytar: “Ey najotga umid bog‘laganlar, Men, Rabbiyga intilayotganlar, Menga quloq soling! O‘zingiz kesib olingan qoyaga qarang, O‘zingiz qazib olingan konga qarang. Otangiz Ibrohimga boqing, Sizni tuqqan Soraga qarang. Ibrohimni chaqirganimda, u yolg‘iz edi, Men unga baraka berib, ko‘paytirdim. Mana, Men, Egangiz, Quddusga tasalli beraman, Uning barcha vayronalariga tasalli beraman. Uning sahrosini Adan bog‘iga aylantiraman, Uning cho‘lini Mening bog‘imday qilaman. U yerda shodlik, sevinch bo‘ladi, Shukronalik, qo‘shiq sadosi yangraydi. Ey xalqim! Menga quloq soling! Quloq tuting Menga, ey elatim! Mana, ta’limot Mendan chiqib boradi, Birpasda adolatim xalqlarga nur bo‘ladi. Mening najotim o‘z yo‘liga chiqdi, Men g‘alaba qozonadigan vaqt yaqinlashmoqda. Xalqlar orasida qo‘lim ila adolat o‘rnataman, Dengiz ortidagi yurtlar Menga umid bog‘laydi, Ular qo‘limning qudratidan umid qiladi. Ko‘zlaringizni samolarga qarating, Pastga, yer yuziga nazar soling. Samolar tutun kabi yo‘qoladi, Zamin kiyim kabi to‘zib bitadi. Zamin ahli chivinday o‘lib ketadi, Mening najotim esa to abad bo‘ladi, Mening g‘alaba bekor qilinmaydi. Ey ta’limotimni qalbiga jo qilganlar, Sizlar nima to‘g‘ri ekanligini bilasizlar. Menga quloq soling! Inson haqoratlaridan qo‘rqmanglar, Ularning tahqirlaridan xafa bo‘lmanglar. Kuya kiyimni, qurt junni yeb bitirganday Ular ham yo‘q bo‘lib ketadi. Mening g‘alaba esa abadiy bo‘ladi, Najotim nasllar bo‘yi davom etadi.” Uyg‘on, uyg‘on, ey Egamizning qo‘li! Kuch–qudratga to‘lgin! Uyg‘on qadimgi paytlardagiday, Azaliy nasllar davridagiday. Maxluq Rahobni parchalagan Sen emasmiding?! Ajdarni sanchib tashlagan Sen emasmiding?! Sen emasmiding dengizni quritgan, G‘oyat tubsizlikdagi suvlarni quritgan?! O‘zimga tegishli bo‘lganlar o‘tsin, deb Dengiz tubini yo‘l qilgan Sen emasmiding?! Egamiz qutqarganlar qaytib keladi, Qo‘shiq aytib Quddusga keladi. Abadiy shodlik ularning boshida toj bo‘ladi. Ular shodlik, sevinchga yetishadi, Qayg‘u, nadomat ulardan uzoqqa qochadi. Egam aytar: “Men O‘zim sizlarni yupataman! Kimdan qo‘rqasiz? O‘ladigan bandadanmi? Maysaga o‘xshab so‘liydigan inson zotidanmi?! Samolarni yoygan, zamin poydevorini o‘rnatgan, Sizlarni Men, Yaratgan Egangizni unutib qo‘ydingiz. Sizni qirmoqchi bo‘lgan zolimning g‘azabidan Har doim titrab–qaqshab turasiz. Ammo qani endi zolimning g‘azabi?! Mazlumlar tez orada ozod bo‘ladi, Ular o‘lmaydi, qabrga tushmaydi, Nonga zor bo‘lmaydi. Men Egangiz Xudoman. Dengizni qo‘zg‘atadigan, To‘lqinlarni guvullatadigan Menman. Mening nomim Sarvari Olamdir! Og‘zingizga so‘zlarimni soldim, Sizlarni qo‘lim soyasida yashirdim. Samolarni o‘rnatganman, Zamin poydevorini qo‘yganman. Quddusga: ‘Sen Mening xalqimsan’, deganman.” Uyg‘on, uyg‘on ey Quddus, oyoqqa tur! Sen Egangning qo‘lidan g‘azab kosasidan ichding! Tagidagi quyqumigacha ichib, Gandiraklab qolding. O‘zing tuqqan shuncha o‘g‘illar orasidan Seni yetaklaydigan birontasi ham yo‘q. O‘zing o‘stirgan shuncha o‘g‘illar orasidan Qo‘lingdan tutadigan birontasi yo‘q. Boshingga qo‘sh falokat keldi, Kim senga tasalli beradi?! Atrofingda talonchiligu halokat, ochligu qilich, Kim seni yupata oladi?! Har bir ko‘cha boshida O‘g‘illaring sulayib yotibdi. Ular to‘rga tushgan kiyiklar kabidir. Egangiz bor qahr–g‘azabiyu O‘z tanbehi bilan Ularni shu ahvolga soldi. Shu bois endi bunga quloq soling, Ey azob chekkanlar! Sizlar mastsiz, ammo sharobdan emas! O‘z xalqini himoya qiladigan Xudoyingiz, Egangiz Rabbiy shunday aytmoqda: “Mana, sening qo‘lingdan Gandiraklatadigan kosani oldim. Endi g‘azabim kosasidan boshqa ichmaysan. Uni senga azob berganlar qo‘liga beraman. Ular senga: ‘Yerga yot, ustingdan Bosib o‘taylik’, degan edi. Yelkalaring ularga yer kabi bo‘ldi. Sen o‘zing yo‘lday bo‘lding, Ular ustingdan bosib o‘tdi.” Uyg‘on, uyg‘on, ey Quddus, Kuch–qudratga to‘lgin. Ajoyib kiyimlaringni kiygin, Ey Sion, muqaddas shahar! Mana endi sunnatsizlar, nopoklar Darvozalaringdan ichkari kirmaydi! Tuproqni qoqib tashla, tur! Ey Quddus, o‘z joyingda o‘tir! Bo‘yningdagi zanjirni uzib tashla, Ey asira qiz Sion! Mana Egamiz shunday demoqda: “Sizlar bepul sotilgan edingiz, endi pulsiz qutqarilasiz.” Ha, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Oldin xalqim Misrga bordi. U yerda musofir bo‘ldi. Keyin Ossuriyaliklar sababsiz ularga zulm o‘tkazdi. Bu nimasi? — demoqda Egamiz. — Xalqim behudaga bosib olindi. Hukmdorlari faryod qilmoqda, — demoqda Egamiz. — Mening nomim doimo, kun bo‘yi haqorat qilinmoqda. Shu bois xalqim nomimni bilib oladi. Ha, Men gapirayotganimni o‘sha kuni ular bilib oladi. Mana, Men O‘shaman.” Tog‘lar osha tinchlikni e’lon qilgan Xabarchining qadamlari naqadar go‘zal! U xushxabar olib kelmoqda, U najotni e’lon qilmoqda, U Quddusga: “Xudoying hukmrondir”, demoqda. Quloq soling! Soqchilaringiz ovozini ko‘tarmoqda, Birgalikda ular shodlikdan kuylamoqda! Axir, Egamiz Quddusga qaytib kelganda Ular o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi. Ey Quddus vayronalari! Birgalikda sevinch ila hayqiring. Egamiz O‘z xalqiga tasalli berdi, Quddusni qutqarib, O‘ziga oldi! Hamma xalqlarning ko‘z o‘ngida Egamiz muqaddas qo‘lini ko‘rsatdi. Xudoyimizning najotini Yerning to‘rt burchi ko‘radi. Keting, keting, u yerdan chiqing! Harom bo‘lganlarga tegib ketmang! Ey Egamizning muqaddas ashyolarini ko‘taradiganlar, U yerdan chiqinglar, poklaninglar! Mana, siz shoshilmay yo‘lga chiqasiz, Qochishingizga aslo hojat qolmaydi. Axir, Egamiz oldingizdan bormoqda, Isroil xalqining Xudosi ortingizdan Sizni qo‘riqlamoqda. Egam aytar: “Mana, Mening qulim yashnaydi, U ko‘tarilib, yuksaladi, G‘oyat balandga ko‘tariladi. Ilgari uning qiyofasi shunday badbashara ediki, Inson zotiga o‘xshash joyi qolmagan edi. Shu bois ko‘plar uning oldida dahshatga tushdi, Endi esa u ko‘p xalqlarni hayratda qoldiradi, Uni deb shohlar ham lol bo‘lib qoladi. Axir, ularga aytilmaganlarni ko‘radilar, Eshitmaganlarini ular anglab yetadilar.” Bizning xabarimizga kim ishondi? Egamizning qudratli kuchi kimga ayon bo‘ldi? Egamizning quli Egamiz oldida yangi ko‘chatday, Quruq tuproqdagi ildizday o‘sdi. Bizni o‘ziga jalb qiladigan Go‘zalligi, ulug‘vorligi yo‘q edi. Bizni o‘ziga rom etadigan Hech bir jozibasi yo‘q edi. Undan nafratlanganlar, uni rad etganlar. U qayg‘u nimaligini, azob–uqubatni bilardi. Undan odamlar yuz o‘girib, nafratlangan, Uni biz odam qatorida sanamaganmiz. Ha, dardlarimizni u o‘ziga oldi, Og‘riqlarimizni u o‘z zimmasiga oldi. Biz esa o‘yladik: “Uni Xudo urgan, Alamdiyda, jabrlangan u!” U esa bizning gunohlarimizni deb yarador bo‘ldi, Bizning ayblarimiz tufayli ezildi. Bizga tinchlik keltiradigan jazo unga tushdi, Uning yaralari bizga shifo berdi. Hammamiz qo‘ylarday yo‘ldan adashdik, Hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Hammamizning ayblarimizni Egamiz uning zimmasiga yukladi. U jabr ko‘rdi, o‘zi uqubat chekdi, Ammo miq etmadi, og‘zini ochmadi. Bo‘g‘izlanishga olib borilgan qo‘ziday, Jun qirquvchi oldida jim turgan qo‘yday U miq etmadi, og‘zini ochmadi. Hukm bilan, kuch bilan olib ketildi. Uning nasli haqida kim o‘ylaydi? Tiriklar yurtidan u uloqtirildi, Xalqimizning gunohi tufayli unga zarba tushdi. Garchi u yovuzlik qilmagan bo‘lsa ham, Og‘zidan yolg‘on so‘z chiqmagan bo‘lsa ham, Unga yovuzlar qatori qabr berilgandi, Ammo o‘limda u boylar yoniga qo‘yildi. Egamiz uni ezishni, azoblashni ma’qul ko‘rdi. Agar u o‘zini gunoh uchun qurbonlik qilsa, O‘z naslini ko‘rib, uzoq umr ko‘radi. U orqali Egamizning xohishi bajo bo‘ladi. Chekkan azoblarining natijasini ko‘rib, U mamnun bo‘ladi. Mening solih qulim o‘z bilimi tufayli Ko‘pchilikni oqlab, ularning aybini o‘ziga oladi. Shu bois buyuklar qatorida unga ulush beraman, U kuchlilar bilan o‘ljalarni bo‘lishadi. Axir, u o‘zini o‘limga tutib berdi, Gunohkorlar qatorida sanaldi. Ko‘plarning gunohini u o‘ziga oldi, Gunohkorlar uchun vasiylik qildi. Egam aytar: “Ey bola ko‘rmagan bepusht ayol! Shodlikdan hayqir! Ey to‘lg‘oq og‘rig‘ini bilmagan ayol! Sevinchdan hayqir! Axir, tashlab ketilgan ayolning bolalari Eri bor xotinnikidan ham ko‘proq bo‘ladi. Chodiring joyini kengaytirgin, Chodiring pardalarini keng cho‘zdirgin! Hech narsani ayama! Arqonlaringni uzun tashlagin, Qoziqlaringni mahkam qoqqin! Axir, mulking o‘ngu so‘lga kengayib ketadi. Avloding xalqlarni mulk qilib oladi, Ular tashlandiq shaharlarni to‘ldiradi. Qo‘rqma, uyatga qolmaysan, Uyalma, sharmanda bo‘lmaysan! Axir, sen yoshligingdagi sharmandalikni unutasan, Bevaligingdagi sharmandalikni boshqa eslamaysan. Zotan, Men, Yaratuvching, sening ering bo‘laman. Mening nomim Sarvari Olamdir! Men, Isroil xalqining muqaddas Xudosi, Qutqaruvchingman, Men butun yer yuzining Xudosi, deb atalaman. Ey Isroil! Sen tashlab ketilgan, Ruhi azoblangan ayoldaysan. Rad etilgan, yosh xotindaysan. Ammo Men, Egang, seni chaqirib olaman, — demoqda Xudoying. — Qisqa vaqtga Men seni tark etgandim, Buyuk shafqat ila seni qaytarib olaman. Qattiq g‘azabda sendan bir lahzaga yuz o‘girgandim, Endi tuganmas mehr bilan senga rahm qilaman, — demoqda Qutqaruvching — Egamiz. — Ha, Men uchun bu Nuh davri kabidir. Endi yer yuzini Nuh to‘foni kabi, Hech qachon suv bosmaydi, deb ont ichganman. Xuddi shunday qilib, yana ont ichaman: ‘Hech qachon sendan g‘azablanmayman, Senga jahl qilmayman!’ Tog‘lar o‘rnidan qo‘zg‘alsa ham, Tepaliklar tebransa ham, Mening sodiq sevgim sendan ketmaydi, Mening tinchlik ahdim o‘zgarmaydi, — demoqda seni sevguvchi — Egamiz. — Ey mazlum shahar! Bo‘ronlarda qolding, ammo hech kim seni yupatmadi! Mana, Men firuza toshlar ishlatib, seni qayta quraman. Zangori yoqut toshlardan senga poydevor qo‘yaman. Minoralaringni yoqutlardan quraman, Darvozalaringni gavharlardan qilaman, Barcha devorlaringni qimmatbaho toshlardan quraman. Hamma bolalaringga Men, Egang, ta’lim beraman, Farzandlaringning tinchligi buyuk bo‘ladi. Men seni dushmanlaringdan xalos qilganimda Sen bexatar bo‘lasan. Zulm sendan uzoqda bo‘ladi, Halokatdan qo‘rqmaysan, Chunki u senga yaqinlashmaydi. Agar kimdir senga hujum qilsa, Bilginki, uni Men qilmagan bo‘laman. Senga hujum qilgan har kim mag‘lub bo‘ladi. Temirchiga qara! U toshko‘mir cho‘g‘ini puflaydi, Ishi uchun asboblarini yasaydi. Uni Men yaratganman. Vayron qilsin, deb Bosqinchini ham Men yaratdim. Senga qarshi yasalgan Hech qanday qurol g‘alaba qilmaydi. Sen bilan da’volashgan har bir odamning Da’volarini sen yo‘qqa chiqarasan. Ana shular Mening qullarimning ulushidir, Ularni Men oqlayman.” Egamizning kalomi shudir. Egam aytar: “Ey tashna bo‘lganlar! Hammangiz suvga kelinglar! Ey siz, pulsizlar, keling, sotib olib, yenglar! Keling, sharobu sut sotib oling pulsiz, tekinga! Nima uchun non bo‘lmagan narsaga pul sarf qilasiz? Nima uchun ishlab topganingizni Qoniqtirmaydigan narsalarga sarf qilasiz? Eshiting, Menga quloq soling! Shunda a’lo taomlarni yeysiz, Yog‘li taomlar yeb, maza qilasiz. Quloq soling, menga keling, Tinglang, shunda yashaysiz. Dovudga va’da bergan sodiq sevgim haqi Siz bilan abadiy ahd tuzaman. Mana Men Dovudni xalqlarga guvoh qildim, Uni xalqlarning hukmdori, rahnamosi qildim. O‘zingiz tanimagan xalqlarni chaqirasiz, Sizni tanimagan xalqlar oldingizga keladi. Men, Isroil xalqining muqaddas Xudosi — Egangiz Xudoni deb Bu xalqlar keladi, Zotan, Men sizni ulug‘vorlikka burkaganman.” Egangiz yoningizda ekan, Unga intiling, U yaqiningizda ekan, Uni chaqiring! Badkirdor yo‘lidan qaytsin, Gunohkor niyatidan qaytsin, Ular Egamizga qaytsin, Egamiz shafqat ko‘rsatadi, Ular Xudoyimizga qaytsin, Uning yuragi kechirimga boy. Egamiz shunday demoqda: “Sizlarning fikringiz Meniki emas, Mening yo‘llarim sizlarniki emas. Osmon yerdan qanchalik baland bo‘lsa, Mening yo‘llarim ham, o‘ylarim ham, Sizlarning yo‘llaringiz, o‘ylaringizdan Shunchalik balanddir. Osmondan qor, yomg‘ir yog‘adi. Ular osmonga qaytmay, yerni sug‘oradi, Toki yer o‘simlik o‘stirsin, Ekkani don, yegani non bersin. Mening og‘zimdan chiqqan so‘z shunday bo‘ladi, Menga bo‘m–bo‘sh qaytib kelmaydi. Mening xohish–irodamni o‘sha so‘z bajaradi, Qaysi niyatda yuborsam, O‘shani bajo qiladi. Ha, siz xursand bo‘lib borasiz, Sog‘–omon qaytib kelasiz. Oldingizda tog‘lar, tepaliklar Sevinch ila hayqiradi, Daladagi hamma daraxtlar qarsak chaladi. Tikanzorlar o‘rniga sarv daraxtlari o‘sadi, Gazanda o‘t o‘rniga mirta butalar o‘sadi. Shunday qilib, bular Men, Egangga sharaf bo‘ladi. Tuganmas, abadiy nishona bo‘lib qoladi.” Egamiz shunday aytmoqda: “Adolatni himoya qiling, To‘g‘ri ishlarni qiling. Zotan, najotim yaqinda keladi, Adolatim tez orada zohir bo‘ladi. Shabbat kunini tahqirlamay, Unga rioya qiladigan inson baxtlidir! Har qanday yovuzlikdan qo‘lini tiyib, Barqaror bo‘lgan inson baxtlidir!” Begona xalqdan bo‘la turib, O‘zini Egamizga bag‘ishlagan odam: “Egamiz meni albatta O‘z xalqidan ajratadi”, deb aytmasin. Bichilgan erkak ham: “Men qurigan daraxtman”, deb aytmasin. Zotan, Egamiz o‘sha erkaklarga shunday aytmoqda: “Shabbat kuniga rioya qiling. Meni mamnun qiladiganlarni tanlang. Mening ahdimga sodiq bo‘ling. Shunda sizlarga uyimda O‘g‘ilu qizlarimnikidan ham ko‘ra, Yaxshiroq nom, xotira beraman. Bu nom yo‘qolmaydigan, abadiy bir nom bo‘ladi.” Egamizni sevib, xizmat qiladigan, Shabbat kuniga rioya etadigan, Egamizning ahdiga sodiq bo‘lgan, Begona xalqdan bo‘lib turib, O‘zini Egamizga bag‘ishlaganlarga Egamiz shunday demoqda: “Men sizlarni muqaddas tog‘imga olib kelaman. Ma’badimda sizlarni mamnun qilaman. Kuydiriladigan qurbonliklaru nazrlaringiz Qurbongohimda qabul bo‘ladi. Mening uyim, barcha xalqlarning Ibodat uyi, deb ataladi.” Tarqalib ketgan Isroil xalqini yig‘adigan Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Uyimda yig‘ilganlar yoniga Men yana boshqalarni yig‘ib kelaman.” Ey dashtdagi hamma hayvonlar, Ey o‘rmondagi barcha hayvonlar! Kelinglar, xalqimni yeb bitiringlar! Isroilning soqchilari ko‘rdir! Ularning hammasi idroksiz, Vovullamaydigan tilsiz itlar kabidir. Yotib olib, tush ko‘radilar, Ular uyquni yaxshi ko‘radilar. Ular to‘yganini bilmagan Ochko‘z itlarga o‘xshar, Bu cho‘ponlar idroksiz! O‘z foydasini ko‘zlab, Har biri o‘z yo‘lidan ketdi. Ular shunday deydi: “Qani, kelinglar, sharob ichaylik, Ichkilikka rosa to‘yaylik. Erta ham bugun kabi bo‘ladi, Hatto undan ham yaxshiroq bo‘ladi.” Egam aytar: “Solih odamlar o‘lib ketyapti, Hech kim bu haqda fikr yuritmaydi. Taqvodorlar yo‘q bo‘lyapti. Yovuzlikdan qutqarilsin, deb Solihlar olamdan o‘tadi. Hech kim bu haqda o‘ylab ko‘rmaydi. Solih insonlar tinchlikka erishadi, To‘g‘ri yurganlar o‘limda ham orom topadi. Sizlar esa, ey folbinning o‘g‘illari, Yaqinroq keling! Bu yoqqa keling, ey zinokor, fohishalar urug‘i! Xo‘sh, sizlar kimning ustidan kulyapsiz? Kimga qarshi og‘iz ochyapsiz? Kimga qarab tilingizni chiqaryapsiz? Axir, itoatsizlarning bolalarisiz–ku! Yolg‘onchining urug‘idan kelib chiqqansizlar–ku! Shunday emasmi?! Har bir yam–yashil daraxt ostida Shahvat bilan gunohga berildingiz! Daryo bo‘ylarida, qoyalar kovagida O‘z farzandlaringizni qurbonlik qildingiz! Sizlar sevgan butlar daryoning silliq toshlari orasidadir! Ha, o‘sha butlarga sizlar ko‘ngil qo‘ygansiz! Ana o‘shalarga ichimlik nazrlari berdingiz, Ularga don nazrlarini atadingiz. Xo‘sh, bular Meni qondirsinmi?! Baland, buyuk tog‘da yotoq qurasiz, Qurbonlik keltiray, deb o‘sha yerga chiqasiz. Eshiklaringiz orqasiga, Eshiklaringizning kesakisi ortiga Jirkanch tamg‘alaringizni qo‘ydingiz. Ha, Mendan yuz o‘girdingiz, Yalang‘och bo‘lib yotog‘ingizga kirdingiz, O‘ynashlaringiz bilan ahd tuzdingiz, Ular bilan yotishni juda yoqtirib qoldingiz. Ularning yalang‘och badanidan ko‘z uzmadingiz. Zaytun moyi bilan ko‘pgina xushbo‘y atirlar olib, O‘z shohingizga hadyalar qildingiz. Uzoqlarga, hatto o‘liklar diyoriga Elchilaringizni yubordingiz. U yoqdan–bu yoqqa yuraverib, toliqdingiz, Ammo shunda ham umidingizni uzmadingiz. Qaytadan kuch tikladingiz, Shu bois hech zaiflashmadingiz. Kim sizlarni vahimaga soldi? Kim sizlarni shunchalik qo‘rqitdi? Yolg‘on gapirdingiz. Meni eslamadingiz! Men haqimda o‘ylab ham ko‘rmadingiz! Uzoq sukut saqlaganim sababli Mendan qo‘rqmay qo‘ydingiz! Mana endi, o‘zingizcha to‘g‘ri, deb bilgan O‘sha ishlaringizni ochib tashlayman. Ular sizga bitta ham foyda keltirmaydi. Yordam so‘rab, faryod qilganingizda Atrofingizdagi butlar sizlarni qutqarsin! Ularning hammasini shamol supurib ketadi, Shabada ularni uchirib ketadi. Mendan panoh topganlar esa yurtni mulk qilib oladi, Ular Mening muqaddas tog‘imga egalik qiladi.” Egam shunday aytmoqda: “Tuproq yig‘ib, yo‘lni tayyorlang, Xalqim yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlang.” Yuksak, yuqori bo‘lgan, abadiy yashaydigan Egamiz, Nomi muqaddas Egamiz shunday aytmoqda: “Men yuksakda, muqaddas maskanda yashayman. Kamtarlar ruhini qayta tiklay, deb Itoatkorlar qalbini jonlantiray, deb Ruhi kamtar, itoatkor odamlar bilan birgaman. Axir, Men to abad da’volashmayman, Abadiy qahr–g‘azabda bo‘lmayman. Aks holda Men yaratgan tirik jonzot, Inson zoti oldimda tura olmasdi. Ularning gunohu hasadgo‘yligi tufayli G‘azablanib, ularni jazoladim. Qahr bilan ulardan yuz o‘girdim, Ammo baribir istagan yo‘llaridan ketdilar. Ularning yurgan yo‘llarini ko‘rdim, Mayli, endi shifo berib, yo‘l ko‘rsataman, Ularga ham, aza tutayotganlarga ham O‘zim tasalli beraman. Ularning tillarini madhiyaga to‘ldiraman. Uzog‘u yaqindagilarga tinchlik bo‘lsin! — demoqda Egamiz. — Men ularga shifo beraman. Fosiqlar esa to‘lqinlangan dengizdaydir. Ha, ular tinch tura olmaydigan dengizga o‘xshaydi. O‘sha dengizning suvlari loy, balchiq keltiradi.” Xudoyim shunday deydi: “Yomonlarga tinchlik yo‘q.” Egam aytar: “O‘zingni tutmay, qattiq hayqirgin, Karnayga o‘xshab, ovozingni baland ko‘tar. Xalqimga itoatsizligini aytgin, Yoqub xonadoniga gunohkorligini ko‘rsat. Xuddi to‘g‘ri yo‘ldan yurgan xalqqa o‘xshab, Ular har kun Menga intilganday bo‘ladi. Xudosining amrlarini unutmagan xalqday, Yo‘llarimni bilmoq istaydi. Mendan odil hukm so‘raydi, Men, Xudoga yaqinlashishni istaganga o‘xshaydi. Ey xalqim, sizlar Menga: ‘Ro‘za tutyapmiz–ku, Sen ko‘rmayapsan, Senga itoat qilyapmiz–ku, nega bilmaysan?!’ deb aytasizlar. Axir, ro‘za tutgan kuningizda xohlaganingizni qilyapsiz, Ishchilaringizdan og‘ir mehnat talab etyapsiz. Mana, ro‘za tutsangiz ham Janjal, g‘avg‘o qilaverasiz. Zo‘ravonlik bilan qo‘l ko‘taraverasiz. Bunday ro‘zalaringiz bilan Ovozingizni samolarga yetkaza olmaysiz! Ro‘za tutganingizda o‘zingizni qiynaysiz, Egilgan qamishday boshingizni egib yurasiz, Qanor yoyib, kul sochib ustiga yotasiz. Shuni ro‘za deb ataysizmi?! Mana shular Men, Egangizni mamnun qiladi, deb o‘ylaysizmi?! Men istagan ro‘za quyidagidaydir: Adolatsizlik kishanlarini parchalang, Bo‘yinturuq arqonlarini uzib tashlang, Mazlumlarni ozodlikka chiqaring, Har qanday bo‘yinturuqni sindiring! Ovqatingizni ochlar bilan baham ko‘ring, Uysizlarga uyingizdan joy bering. Yalang‘ochni ko‘rganingizda kiyim bering, Yaqinlaringizdan yordamingizni ayamang.” Shunda nuringiz tong kabi porlaydi, O‘zingiz tezda shifo topasiz. Egamiz doim oldingizda yurib, sizlarni asraydi, Ortingizdan Uning ulug‘vorligi sizni qo‘riqlaydi. Shunda yordam so‘raganingizda, Egamiz javob beradi, Faryod qilganingizda, “Shu yerdaman”, deb aytadi. Orangizdan bo‘yinturuqni yo‘q qilganingizda, Yovuz gaplaru qo‘l ko‘tarishlarni bas qilganingizda, Ochlar uchun jon kuydirganingizda, Mazlumlarning joniga oro kirganingizda, Nuringiz zulmatda ham porlaydi, Eng qorong‘i davringiz yop–yorug‘ kunduzday bo‘ladi. Egamiz doimo sizga yo‘l ko‘rsatadi, Qaqragan yerlarda ham joningizga oziq beradi, Shunda siz sug‘orilgan bog‘day, Suvlari qurimas buloqday bo‘lasiz. Qadimgi vayronalaringiz qayta tiklanadi, Ko‘hna poydevorlarni qayta ko‘tarasiz. Shunda sizlarni: “Buzuq devorni Tiklovchi, Ko‘chalarni qayta Quruvchi”, deb chaqirishadi. Shabbat kunini oyoq osti qilmang, Shu muqaddas kunda xohishingizni qilishdan o‘zingizni tiying. Shabbat kunini zavqli, deb biling. Egamizning muqaddas kunini sharafli, deb biling. Bu kunda o‘zingiz istagan yo‘ldan yurmang, Xohlaganlaringizni qilavermang, Istagan gaplaringizni gapiravermang. Shabbat kuniga rioya qilsangiz, Egamiz tufayli shodlik topasiz, U sizlarni yurtning baland cho‘qqilariga olib chiqadi, Otangiz Yoqubning mulkiga to‘ydiradi. Egamizning kalomi shudir! Nima, Egamizning qo‘li qisqami? Qutqarolmasa! Qulog‘i og‘irmi? Eshitmay qolsa! Axir, o‘z ayblaringiz sizni Xudoyingizdan ayirdi, Gunohlaringiz tufayli U sizdan yuz o‘girdi, Ibodatlaringizga quloq solmaydi. Ana, qo‘llaringiz qonga bulg‘angan, Barmoqlaringiz gunohga botgan, Og‘zingizdan yolg‘on chiqaveradi, Tilingiz haqsizlikni gapiradi. Hech kimsa adolat bo‘lsin, deb aytmaydi, Hech kimsa haqiqat uchun kurashmaydi. Behuda gaplardan umid qilib, yolg‘onlar aytadi, Buzuqlikka homilador bo‘lib, yovuzlik tug‘adi. Sizlar ilonning tuxumini bosasiz, O‘rgimchak uyasini to‘qiysiz, Sizlarning tuxumingizni yeganlar o‘ladi. Agar bitta tuxumini bosib olsalar, Undan zaharli ilon o‘rmalab chiqadi. To‘qigan uyangizdan kiyim chiqmaydi, Siz to‘qiganlar bilan hech kim ustini yopa olmaydi. Sizlarning ishingiz yaramas ishlardir, Sizlarning qo‘llaringiz zo‘ravonlikka to‘la. Fosiqlarning oyog‘i yomonlikka shoshiladi, Ular behuda qon to‘kishga juda usta. Ularning fikri–zikri gunoh bilan band, Qadamidan halokatu vayrona keladi. Ular tinchlik yo‘llarini bilmaydi, Yurgan yo‘lida adolat yo‘q. O‘zlariga egri yo‘llar qildilar, Bu yo‘ldan yurganlar tinchlik bilmaydi. Shu bois adolat bizdan uzoq, Xudo bizni qutqarmaydi. Nur izlaymiz, ammo faqatgina zulmat bor, Yorug‘lik izlaymiz, ammo zulmatda yuramiz. Ko‘rlarday devorni ushlab yuramiz, Ko‘zi ko‘rmaydiganlarday paypaslanamiz. Kuppa–kunduzi tundagiday qoqilamiz, Tiriklar orasida o‘liklardaymiz. Hammamiz ayiq kabi bo‘kiryapmiz, Hammamiz musicha kabi nola qilyapmiz. Adolat kutyapmiz, ammo u yo‘qdir, Najot kutyapmiz, ammo u bizdan uzoqda. Ha, Xudo oldida ko‘p itoatsizlik qildik, Gunohlarimiz bizga qarshi guvohlik berib turibdi. Itoatsizligimiz ko‘z o‘ngimizda, Ayblarimizni o‘zimiz bilamiz. Itoatsizlik qildik, Egamizni aldadik, Xudoyimizdan yuz o‘girdik, Zulm qo‘zg‘adik, xiyonat qildik, Yurakda yolg‘on gaplar to‘qib gapirdik. Adolat chekindi, solihlik uzoqqa ketdi. Axir, haqiqat quvib chiqarildi, Haqqoniylik oramizga kira olmaydi. Hech qayerda haqiqat yo‘q, Yomonlikdan chekingan halokatga yo‘liqdi. Egamiz bularni ko‘rib, Adolat yo‘qligidan ozor chekdi. Mazlumlarga yordam beradigan Hech kimsa yo‘qligini ko‘rdi, Hech kim yo‘qligidan U hayratda qoldi. Shunda Egamiz O‘z qo‘li bilan qutqarishga kirishdi, Xudoning O‘zi ularga najot berdi. U adolatni sovutday kiyib oldi, Najot dubulg‘asini boshiga kiydi, Egamiz qasosni libosday kiyib oldi, Rashkni chopon qilib o‘rab oldi. Har kimga qilganiga yarasha javob beradi, O‘z dushmanlariga g‘azab sochadi, G‘animlaridan qasos oladi, Dengiz ortidagi yurtlarga Qilganlariga yarasha to‘liq qaytaradi. G‘arbda Egamizning nomidan qo‘rqadilar, Sharqda Uning shuhratidan qo‘rquvga tushadilar. Mana, Egamiz daryoday keladi. O‘zining Ruhi da’vat etayotgan Kuchli daryoday keladi. Egamiz shunday aytmoqda: “Qutqaruvchi Quddusga keladi, Yoqub naslining gunohdan qaytganlariga keladi.” Egamiz shunday deydi: “Siz bilan qiladigan ahdim shudir: Sizga bergan Ruhim, og‘zingizga solgan so‘zlarim sizlarni tark etmaydi. Hozirdan boshlab to abad sizlarni, bolalaringizni, nabiralaringizni hech tark etmaydi.” Ey Quddus xalqi, tur, porlagin! Axir, nuring keldi, Egamizning ulug‘vorligi ustingga yog‘ildi. Mana, yer yuzini zulmat qopladi, Xalqlarni quyuq zulmat bosdi. Ammo Egamiz senga keladi, Sen uzra Uning ulug‘vorligi porlaydi. Xalqlar sening nuringga keladi, Tonggi yorug‘ligingga shohlar keladi. Boshingni ko‘tarib, atrofingga boq! Hammasi to‘planib, senga kelmoqda. O‘g‘illaringni uzoqlardan olib keladilar, Qizlaringni chaqaloqlarday qo‘llarda ko‘tarib keladilar. O‘shanda shularni ko‘rib, nur sochasan, Yuraging hapriqib, qinidan chiqquday bo‘ladi. Zotan, dengiz orqali keladigan boyliklar senga nasib etadi, Xalqlarning boyligi senga keladi. Yurting tuya suruvlariga to‘lib ketadi, Midiyon, Efaxning bo‘taloqlari bilan to‘ladi. Ularning hammasi Shava yurtidan keladi, Oltinu tutatqilar olib keladi. Ular Egamizga madhlar aytadi. Kedarning hamma qo‘y suruvlari senga keladi, Navayotning qo‘chqorlari senga xizmat qiladi. Egamizning qurbongohida Ular qurbonlik, deb qabul qilinadi. Egamiz O‘z uyini yanada ulug‘vor qiladi. Bulutlar kabi uchayotgan nima u? Inlariga uchayotgan kaptarlarga o‘xshash nima u? Shubhasiz, dengiz ortidagi yurtlar Egamizga muntazir bo‘ladi. Isroil xalqining muqaddas Xudosi — Egangiz Xudoning sharafiga Tarshish kemalari boshchiligida Bolalaringni uzoqdan olib kelishadi, Oltinu kumushlari bilan birga olib kelishadi. Zotan, Egamiz seni ulug‘vorlik bilan qoplagan. Egamiz Quddusga shunday deydi: “Begonalar devorlaringni tuzatadi, Shohlari senga xizmat qiladi. G‘azablanganimda senga jazo bergan bo‘lsam ham, Endi marhamat qilib, senga shafqat qilaman. Darvozalaring doimo ochiq bo‘ladi, Ular kechayu kunduz yopilmaydi. Shunda xalqlar senga boyliklarini olib keladi, Ularni o‘z shohlari boshlab keladi. Senga xizmat qilmagan elatu shohlik yo‘q bo‘ladi, Ha, u xalqlar butunlay vayronaga aylanadi. Lubnonning faxrlangan daraxtlari senga keladi. Sarv, chinor, sadr yog‘ochlari Muqaddas maskanimni bezatish uchun keltiriladi. Oyog‘im turgan shu joyga Men shuhrat keltiraman. Senga zulm qilganlarning o‘g‘illari kelib, Senga ta’zim qiladilar. Sendan nafratlanganlarning hammasi Oyoqlaringga yiqiladi. Ular seni: ‘Egamizning shahri, Isroil xalqining muqaddas Xudosining shahri — Sion ’, deb atashadi. Ilgari sen tashlab ketilgan, Hamma nafrat etgan, Biror kimsa o‘tmaydigan joy eding. Endi Men seni abadiy ulug‘vor qilaman, Jamiki nasllarning shodligi qilaman. Elatlar, shohlar seni ona kabi emizadilar, O‘shanda Men, Egang, sening najotkoring ekanligimni bilib olasan, Yoqub naslining qudratli Xudosi — Qutqaruvching Men ekanligimni anglaysan. Senga bronza o‘rniga oltin, Temir o‘rniga kumush, Yog‘och o‘rniga bronza, Tosh o‘rniga temir keltiraman. Tinchlik sening hakaming, Solihlik hukmdoring bo‘ladi. Yurtingda endi zo‘ravonlik tovushi eshitilmaydi, Chegarang ichida vayronagarchilik, halokat bo‘lmaydi. Devorlaringga, Najot, deya nom qo‘yasan, Darvozalaringga, Sharaf, deya nom berasan. Endi kunduzi nuringni quyosh bermaydi, Oy ham yorug‘lik manbaing bo‘lmaydi. Senga Mening O‘zim to abad nur manbayi bo‘laman, Men, Xudoying, sening ulug‘vorliging bo‘laman. Quyoshing hech qachon botmaydi, Oying endi boshqa yashirinmaydi. Ha, Men sening to abad nuring bo‘laman, Qayg‘uli kunlaring tamom bo‘ladi. Xalqingning hammasi solih bo‘ladi, Ular yurtni to abad mulk qilib oladi. O‘zim o‘tqazgan niholdir ular, Menga shuhrat keltirsin, deb yaratgan Qo‘llarimning ijodi ular. Eng kichik odamingdan mingta odam chiqadi, Eng zaif odamingdan kuchli xalq paydo bo‘ladi. Men, Egang, buni o‘z vaqtida tez bajo qildiraman.” Egamiz Rabbiyning Ruhi meni qamrab olgan, Chunki U meni tanlagan. “Yo‘qsillarga xushxabar yetkazsin, Xasta qalblarga shifo bersin, Zindondagilarga, ‘qutulasiz’, desin, Asirlarga ozodlik e’lon qilsin”, deb Egam meni yubordi. “Egamning marhamat yilini, Xudoning qasos oladigan kunini e’lon qilsin, Azadorlarning hammasini ovutsin”, deb Egam meni yubordi. “Quddusda nola qilayotganlarga tasalli bersin, Ularga kul o‘rniga zeb–ziynat, Aza o‘rniga shodlik moyi, Ma’yus ruh o‘rniga madhiya bersin”, deb Egam meni yubordi. Endi ularni, “ Egamiz O‘z shuhrati uchun ekkan ko‘chatlar, Solihlik emanlari”, deb atashadi. Endi ular qadimgi vayronalarni qayta tiklaydi, Azaliy vayrona yerlarni yana o‘nglaydi, Nasllar osha vayron yotgan shaharlarni qayta quradi. Ey xalqim, begonalar kelib, mol–qo‘ylaringizni boqadi, Yot xalq o‘g‘illari dehqoningiz, bog‘boningiz bo‘ladi. Sizlarni esa Egamizning ruhoniylari, deb atashadi, Xudoyimizning xizmatkorlari, degan nom olasizlar. Elatlarning boyliklari sizlarniki bo‘ladi, O‘zga xalqlardan kelgan mol–mulk bilan faxrlanasiz. Uyat o‘rniga sizlar ikki hissa ulush olasiz. Sharmanda bo‘lmaysiz, olgan mulkingizdan shodlanasiz. Ha, o‘z yurtingizda ikki hissa ulush olasiz, Abadiy shodlikka ega bo‘lasiz. Egam aytar: “Men, Egangiz, adolatni sevaman, Talonchilik, haqsizlikdan nafratlanaman. Sadoqat bilan xalqimga mukofotini beraman. Ular bilan abadiy ahd tuzaman. Ularning nasli xalqlar orasida mashhur bo‘ladi, Ularning zurriyoti ellar orasida mashhur bo‘ladi, Ko‘rganlarning hammasi ularni, ‘Egamiz baraka bergan xalq’, deb tan oladi.” Egam tufayli men buyuk shodlik topaman, Xudoyim deb qalbim jo‘sh uradi. Zotan, U meni najot libosi bilan o‘radi, Zafar kiyimini menga kiydirdi. Men toj kiygan kuyovga o‘xshayman, Zeb–ziynat bilan bezangan kelindayman. Yer o‘simlikni yetishtirgani kabi, Bog‘ ekilganlarni o‘stirgani singari, Egamiz Rabbiy barcha xalqlar ko‘z o‘ngida Solihlik va madhiyalarni yetishtiradi. Quddus haqi, men sukut saqlamayman, Sion haqi, men jim turmayman. Uning zafari tong kabi nur sochmaguncha, Uning najoti mash’ala kabi yonmaguncha, Men aslo jim turmayman. Ey Quddus xalqi, xalqlar sizning g‘alabangizni, Har bir shoh shuhratingizni ko‘radi. Egamiz O‘z og‘zi bilan bergan Yangi nom bilan chaqirilasiz. Sizlar Egamizning qo‘lida go‘zallik tillaqoshi, Xudoyingizning qo‘lida shohlik toji bo‘lasiz. Endi sizni: “Tark etilgan”, deb aytmaslar, Sizning yurtingizni: “Tashlandiq”, deb atamaslar. Endi sizga: “Undan mamnunman”, degan nom beriladi, Yurtingizni esa: “Oilali”, deb aytishadi. Zotan, Egangiz sizdan mamnun bo‘ladi, Yurtingiz ham oilali bo‘ladi. Yigit qiz bilan turmush qurganday, O‘g‘illaringiz yurtingizga bog‘lanib, Unga egalik qiladi. Kuyov kelin bilan qanday shod bo‘lsa, Xudoyingiz siz bilan shunday sevinadi. Ey Quddus, devorlaringga soqchilar qo‘ydim, Ular kechayu kunduz ibodatni bas qilmaydi. Ey Egamizga ibodat qiladiganlar! Sizlar ham hech jim turmang. Quddusni barqaror qilgunga qadar, Uni yer yuzining faxri qilmagunga qadar, Egamizga hech tinchlik bermanglar. Egamiz o‘ng qo‘lini ko‘tarib, O‘z qudrati bilan ont ichdi: “Hech qachon dushmanlaringizga Doningizni yemish qilib bermayman. Mehnatingiz singgan sharobni Begonalar ichmaydi. Ha, don yiqqanlarning o‘zi don yeydi–da, Men, Egasiga hamdu sano aytadi. Uzumni yig‘ib–terganlar Sharobni muqaddas hovlimda ichadi.” Ey Quddus aholisi, darvozalardan chiqing! Qaytayotgan xalqqa yo‘lni tayyorlang! Tuproq yig‘ib yo‘l qiling, Toshlarni terib tashlang, Xalqlar uchun bayroq tiking! Mana, Egamiz yerning to‘rt chetiga e’lon qilmoqda: “Go‘zal Quddusga shunday deb ayting: ‘Qara, najotkoring kelmoqda, Ana, Uning O‘zi taqdirlaydi, Mukofotini O‘zi bilan olib kelmoqda.’” Ey Quddus, sening xalqingni: “Muqaddas”, deb aytadilar, “Egamiz qutqargan xalq”, deb aytadilar. Seni: “Egamiz izlab topgan, tark etilmagan shahar”, deb ataydilar. Edomdan kelayotgan kim? Qizil libos kiyib, Bozrax shahridan kelayotgan kim? Ko‘zni qamashtiruvchi kiyimlar kiyib, Katta kuch bilan qadam bosgan kim? “Bu Men, Egangizman! Qutqarish kuchiga egaman. G‘alabani e’lon qilishga kelmoqdaman.” Nechun kiyimlaring qip–qizil? Nima uchun chuqurda uzum ezgan odamga o‘xshaysan? “Chuqurda bir o‘zim ezdim, Yonimda xalqlardan birontasi yo‘q edi. G‘azab bilan ularni ezdim, Qahr bilan ularni oyoq osti qildim. Ularning qoni kiyimlarimga sachradi, Butun usti boshimni iflos qildi. Ha, Men qasos kunini tayinlab qo‘ygan edim, Xalqimni qutqaradigan kun yetib keldi. Qaradim, yordam beradigan biror odam yo‘q edi, Qo‘llab–quvvatlaydigan hech kimsa yo‘qligidan hayratda qoldim. Shunda O‘zimning qo‘lim yordamga keldi, O‘z g‘azabim Menga madad bo‘ldi. G‘azab bilan xalqlarni tepkiladim, Jahl bilan ularni ezib tashladim. Ularning qonini yerga to‘kdim.” Egamizning sodiq sevgisi haqida aytaman, Qilgan ishlari uchun Egamizga hamdlar aytaman. O‘zining mehr–shafqati, buyuk sevgisi bilan Isroil xonadoniga qilgan buyuk ezguliklari haqida aytaman. Egamiz shunday dedi: “Ha, ular Mening xalqimdir, Bevafolik qilmaydigan farzandlardir.” Shunday qilib, Xudo ularning najotkori bo‘ldi. Ular qiynalganlarida, U ham azob chekdi, Egamizning farishtasi ularni qutqardi. Sevgisi, shafqati tufayli Uning O‘zi ularni qutqardi. Egamiz ularni ko‘tarib, azaldan opichlab yurardi. Ammo ular isyon qildilar, Egamizning Muqaddas Ruhini ranjitdilar. Shuning uchun Egamiz ularning dushmani bo‘ldi. Egamizning O‘zi ularga qarshi kurashdi. Shunda xalq o‘tgan kunlarni, Musoning davrini eslab, shunday dedi: “Cho‘ponlari bilan birga ota–bobolarimizni dengizdan o‘tkazgan qani? O‘z Muqaddas Ruhini ularning orasiga yuborgan qani? Ajoyib qudratli qo‘li bilan Musoning o‘ng qo‘lidan tutgan qani? O‘zining nomini sharaflay, deb Ularning oldidagi suvni ikkiga bo‘lgan qani?” Egamiz ularni dengiz tubidan olib o‘tdi. Tekis joyda yurgan otday Ular hech qoqilmasdan o‘tdi. Vodiyga yoyilgan podaga o‘xshatib, Egamizning Ruhi ularga orom berdi. O‘zining buyuk nomi ulug‘lansin, deya Egamiz O‘z xalqiga yo‘l ko‘rsatdi. Ey Egamiz, osmondan qara, Muqaddas, ulug‘vorlikka to‘la Maskaningdan boq! Qani endi g‘ayrating, qudrating? Sen mehribonligingni, shafqatingni Bizdan darig‘ tutding. Axir, Sen bizning otamizsan, ey Egamiz! Ibrohim bizni bilmaydi, Yoqub bizni tanimaydi. Sen bizning otamizsan! Azaldan noming “Qutqaruvchimiz”dir. Ey Egamiz, nega bizni yo‘lingdan adashtirasan? Nega bizga Sendan qo‘rqmaydigan tosh yurak bergansan? Biz Sening qullaringmiz. Bizning haqi–hurmatimiz, O‘zingning aziz xalqing haqi–hurmati Bizga yuz burgin! Sening muqaddas maskaningga Biz, aziz xalqing, faqat oz vaqt egalik qildik. Endi esa dushmanlarimiz U yerni oyoq osti qilib tashladi. Biz allaqachon Senga tegishli bo‘lmagan, Sen ustidan hukmron bo‘lmagan xalqlarga o‘xshab qoldik. Ey Egam, qaniydi samolarni yorib, pastga tushsang, Tog‘lar oldingda titrasaydi! Alanga o‘tinni yondirib, suvni qaynatganday, Sen ham pastga tushib, xalqlarni titrat. Toki g‘animlaring nomingni bilsin. Biz kutmagan ajoyib ishlar qilding! Pastga tushding, oldingda tog‘lar titradi! Axir, Senga umid bog‘laganlarni, deb Ajoyib ish qiladigan Xudo Sensan. Senga o‘xshagan xudo haqida Azaldan hech kim eshitmagan, Hech bir quloqqa ham kirmagan. Senga o‘xshagan xudoni hech bir ko‘z ko‘rmagan. Quvonch bilan to‘g‘ri yo‘ldan yurganlarga, Sening amrlaringni bajarganlarga Sen peshvoz chiqasan. Mana, Sen g‘azabdasan, Biz esa gunoh qildik. Biz azaldan gunohga botganmiz, Endi najot topa olamizmi? Hammamiz harom bo‘lib qoldik, Yaxshi ishlarimizning hammasi hayz lattalari kabidir. Yaproqlar kabi so‘lib boryapmiz, Ayblarimiz shamol kabi bizni uchirib ketyapti. Hech kim Senga sajda qilmaydi, Hech kim, Egamga o‘zimni bog‘lay, demaydi. Axir, Sen bizdan yuz o‘girding, Bizni o‘z gunohlarimiz izmiga topshirding! Ammo endi Sen bizning otamizsan, ey Egamiz! Biz loymiz, Sen esa kulolsan, Hammamiz qo‘llaringning ijodimiz! Ey Egamiz, bizga bunchalik g‘azabingni sochaverma, Gunohlarimizni to abad yodda tutma. Qara, axir, hammamiz Sening xalqingmiz! Muqaddas shaharlaring sahroga aylandi, Quddus ham vayronaga aylandi, Sion ham biyobon bo‘lib qoldi. Bizning muqaddas Ma’badimiz, faxrimiz, Ota–bobolarimiz Senga madhlar kuylagan joy Endi yonib bitdi. Bizga qadrli bo‘lganlarning hammasi Vayronaga aylandi. Ey Egam! Nahot shunda ham O‘zingni tutib turaversang?! Sukut saqlab, bizni qattiq jazolayversang?! Egam aytar: “Meni so‘ramaganlarga ko‘rindim, Meni izlamaganlar topdi. Menga iltijo qilmagan bir xalqqa: ‘Mana Men! Shu yerdaman!’ deb aytdim. Itoatsiz xalqni Kun bo‘yi quchoq ochib kutdim. Ana, ular o‘zlari xohlagan, To‘g‘ri bo‘lmagan yo‘llardan yuradi. Ular yuzimga qarab turib, Jahlimni chiqaradi. Sajdagoh bog‘larda hech to‘xtovsiz qurbonliklar keltiradi, G‘isht qurbongohlarda tutatqilar tutatadi. Ular qabrlar orasida o‘tirib, Yashirin joylarda arvohlarga maslahat soladi. Ular cho‘chqa go‘shtini yeydi, Qozonlarida harom go‘sht qaynatadi. Ular boshqalarga shunday deydi: ‘Nariroq tur, menga tegma, Yana muqaddasligim yuqib qolmasin.’ Bularning hammasi kun bo‘yi yonib turgan olov kabidir. Ularning tutuni burnimni achitadi. Mana, hammasi ko‘z o‘ngimda yozib qo‘yilgan. Men jim turmayman, ularni jazolayman. Qilmishlariga yarasha ularga to‘liq qaytaraman. Ularni o‘zlarining gunohlari uchun, Hamda otalarining gunohlari uchun jazolayman, — demoqda Egamiz. — Axir, ular tog‘larda tutatqilar tutatdilar, Tepaliklarda Meni haqorat qildilar. Shu bois qilmishlariga yarasha Ularga jazosini beraman.” Egamiz shunday aytmoqda: “Agar bir bosh uzumda hali sharbati bor bo‘lsa, Odamlar: ‘Uni tashlab yubormang, Hali foydasi tegadi’, deb aytadi. Men ham O‘z qullarim haqi shunday qilaman, O‘z xalqimning hammasini yo‘q qilmayman. Tog‘larimni mulk qilib olsin, deb Isroil va Yahudo xalqiga avlod beraman. Tanlagan xalqim tog‘larimga egalik qiladi, Mening qullarim u yerda yashaydi. Sharon tekisligi qo‘ylar suruvlari uchun yaylov bo‘ladi, Oxor soyligi mol–qo‘ylar uchun o‘tloq bo‘ladi. Ha, bu yerlar Menga intilganlarniki bo‘ladi. Ammo ba’zilaringiz Meni tark etdingiz, Muqaddas tog‘imni unutdingiz! ‘Omad’ buti uchun dasturxon yozdingiz, ‘Qismat’ buti uchun qadahlarga sharob quydingiz! Shundaylarni Men qilichning damiga ro‘para qilaman. Hammangiz tiz cho‘kasiz, bo‘g‘izlanasiz. Axir, Men chaqirganimda javob bermadingiz, Gapirganimda quloq solmadingiz. Mening oldimda qabihliklar qildingiz, Men xohlamagan narsalarni tanladingiz.” Shu bois Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Mening qullarim yeydi, sizlar esa och qolasiz, Qullarim ichadi, sizlar tashnalikdan azob chekasiz, Qullarim shod–xurram bo‘ladi, Sizlar esa sharmandayu sharmisor bo‘lasiz. Mana, qalblari shodlikka to‘lib, Mening qullarim qo‘shiqlar kuylaydi. Sizlar esa yuragingizdagi qayg‘udan dod–voy qilasiz, Ezilgan ruhingiz tufayli uvullab yig‘laysiz. Tanlagan xalqim orasida nomingiz la’nat so‘zi bo‘ladi, Men, Egangiz Rabbiy, sizlarni o‘ldiraman, O‘zimning qullarimga esa boshqa nom beraman. Kim o‘ziga bu yurtda baraka tilasa, Mening, ya’ni sodiq Xudoning nomi bilan duo qiladi. Yurtda kim ont ichadigan bo‘lsa, Mening nomim bilan ont ichadi. Oldingi qayg‘ular unutiladi, Qayg‘u ko‘z oldimdan yo‘qotiladi. Mana, qarang! Yangi osmon, yangi yer yaratyapman. Ilgari bo‘lganlar endi eslanmaydi, Ular hech qachon yodga olinmaydi. Yaratayotgan ishlarim tufayli To abad shodlaning, xursand bo‘ling. Men Quddusni shodlik qilib, Xalqini quvonch qilib yaratyapman. Men Quddus tufayli sevinaman, Xalqim Menga quvonch keltiradi. Endi Quddusda hech qachon Yig‘i, faryod tovushi eshitilmaydi. U yerda endi go‘daklar o‘lmaydi, Biror qariya yoshini yashamay o‘tmaydi. Birontasi yuz yoshga kirib olamdan o‘tsa, U haqda: ‘Evoh, yosh ketdi’, deb aytadilar. Yuzga yetmay o‘lganni la’nati ekan, deb biladilar. Xalqim uylar qurib, o‘zlari o‘sha yerda yashaydi, Tokzorlar o‘tqazib, hosilini o‘zlari yeydi. Endi ular qurgan uylarda boshqalar yashamaydi, Ekkan daraxtlarining hosili boshqalarga nasib bo‘lmaydi. Xalqimning umri chinor umriday uzoq bo‘ladi, Tanlagan xalqim o‘z qo‘llarining mahsulidan uzoq vaqt bahramand bo‘ladi. Ularning mehnati behuda ketmaydi, Nasllari baxtsizlikka mubtalo bo‘lmaydi. Ular Men, Egasidan baraka topgan xalqdir, Ularning avlodiga ham Men baraka beraman. Menga yolvormaslaridan ham oldin Xalqimga javob beraman. Gapirayotgan paytining o‘zidayoq Ularga quloq tutaman. Bo‘ri bilan qo‘zichoq birga o‘tlab yuradi, Sher ham ho‘kiz kabi somon yeydi, Ilon esa tuproq yalaydi. Muqaddas tog‘imning biron yerida Hech bir yovuzligu yomonlik qilinmaydi.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday aytmoqda: “Osmon Mening taxtimdir, Yer oyog‘im tagidagi kursidir. Menga qanday uy qurib bera olasiz?! Qaysi joy Menga maskan bo‘la oladi?! Axir, hammasini O‘z qo‘llarim bilan yaratganman, Ha, bularning hammasi shunday paydo bo‘lgan, — demoqda Egamiz. — Kamtar, mo‘min bo‘lgan odamga, Kalomim oldida titraydiganga Men e’tibor bilan qarayman. Ammo, buqani qurbonlik qiladigan odam, Odam o‘ldirgan qotil kabidir. Qo‘zini qurbonlik qiladigan odam Itning bo‘ynini sindirgan odam kabidir. Don nazri qiladigan odam Cho‘chqa qonini nazr qiladigan odam kabidir. Tutatqi tutatgan odam Butga topinadigan odam kabidir. O‘shalar o‘z yo‘llarini tanladilar, Qilgan jirkanch ishlaridan jonlari lazzat olar. Men ham ularni qattiq jazolashni tanlayman. Ular nimadan qo‘rqsa, o‘shani boshlariga solaman. Axir, chaqirganimda, hech kim javob bermadi, Gapirganimda, hech kim quloq solmadi. Ular Mening oldimda qabihlik qildilar, Meni mamnun qilmaydiganlarni tanladilar.” Ey Egamizning kalomini eshitib, titraydiganlar, Uning so‘zlariga quloq tutinglar: “Qardoshlaringiz sizdan nafratlanadi, Mening nomimni deb ular sizni haydagan. Sizlarni mazax qilib, shunday degan edi: ‘Qani, Egangiz ulug‘vorligini ko‘rsatib, Sizlarni qutqarsin. Xursand bo‘lganingizni ko‘raylik–chi!’ Endi o‘shalar sharmanda bo‘ladi.” Shahardan kuchli shovqin–suron kelmoqda! Ma’baddan bir ovoz eshitilmoqda! Bu Egamizning ovozidir! U O‘zining dushmanlariga Qilmishlariga yarasha qaytaradi. Mana, Quddus to‘lg‘oq tutmasdan oldin tug‘di, To‘lg‘oq tutmay turib, bir o‘g‘il tug‘di. Kim bunday voqeani eshitgan?! Kim bunday hodisani ko‘rgan?! Xo‘sh, yurt bir kunda paydo bo‘ladimi?! Bir onda butun bir xalq dunyoga keladimi?! Qarang, to‘lg‘og‘i tutar–tutmas Qiz Quddus o‘g‘illar tug‘di. “Tug‘adigan paytgacha olib kelamanu Tug‘ishga kuch bermaymanmi?! — demoqda Egamiz. — Tug‘ishga kuch beramanu Bachadonni yopib qo‘yamanmi?!” — deb aytmoqda Xudoyingiz. Ey Quddusni sevadiganlar, Quddus bilan birga sevining, Hammangiz u bilan birga shodlaning. Ey Quddus uchun aza tutganlar, U bilan birga xursand bo‘ling! Siz uning ko‘kragidan emganday bo‘lib, To‘yib, tasalli topasiz. Qonib–qonib ichib, Uning mo‘l–ko‘l barakasidan zavq olasiz. Ha, Egamiz shunday aytmoqda: “Qarab turing, Quddusga tinchlikni daryo kabi, Elatlarning boyligini toshqin irmoq kabi oqizaman. U sizlarni emizikli boladay qo‘llarida ko‘tarib yuradi, Sizlarni tizzalariga o‘tirg‘izib, parvarish qiladi. Bolasini ovutgan bir ona kabi Men ham sizlarni ovutaman. Sizlar Quddusda tasalli topasiz.” Bularni ko‘rib, qalbingiz shodlikka to‘ladi, Tanangiz yangi maysa kabi hayot bilan to‘liq bo‘ladi. Egamiz O‘z qullariga qudratini, Dushmanlariga esa g‘azabini ko‘rsatadi. Mana, qarang! Egamiz olov bilan kelmoqda, Uning jang aravalari quyunday kelmoqda. U ayovsiz qasos oladi, G‘azabi olov kabi yonadi. Ha, Egamiz olovu qilich bilan Jamiki jonzotlarga qarshi kurashadi. Uning qo‘lidan ko‘plari halok bo‘ladi. Egamiz shunday aytmoqda: “O‘zlarini poklab, butlarga bag‘ishlaganlar, sajdagoh bog‘larga borib, yo‘lboshchilariga ergashganlar yo‘q bo‘ladi. Cho‘chqa va boshqa harom, makruh hayvonlarning go‘shtini yeydiganlar, ularning hammasi birgalikda halok bo‘ladi. Ularning ishlaridan, o‘ylaridan nafratlanaman. Hamma xalqlarni, elatlarni yig‘ish vaqti keldi. Ular kelib, Mening ulug‘vorligimni ko‘radilar. Men ularning orasida nishona ko‘rsataman. Omon qolganlarini quyidagi xalqlar orasiga yuboraman: Tarshish, Liviya xalqlariga, kamonchilari bilan mashhur bo‘lgan Lidiya xalqiga, Tuval va Grek xalqlariga, dengiz ortidagi Men haqimda eshitmagan, Mening ulug‘vorligimni ko‘rmagan xalqlarga. Ular Mening buyukligimni o‘zga xalqlarga bildiradilar.” Egamiz shunday deydi: “O‘shanda ular barcha xalqlar orasidan qolgan hamma birodarlaringizni olib kelishadi. Isroil xalqi toza idishda Men, Egangizga nazr olib keladi. Birodarlaringizni ham xuddi shunday qilib, olib kelishadi. Ularni otlarda, jang aravalarida, ot aravalarda, xachirlarda, tuyalarda muqaddas tog‘im — Quddusga nazr sifatida olib kelishadi.” Egamiz shunday deydi: “Ularning orasidan ba’zilarini ruhoniy, ba’zilarini esa levi qilib tayinlayman.” Egamiz shunday aytmoqda: “Men yaratadigan yangi yer va yangi osmon ko‘z oldimda qancha turadigan bo‘lsa, avlodlaringiz ham, nomingiz ham shuncha turadi. Har yangi oy bayramida, har Shabbat kunida jamiki insonlar huzurimga kelib, Menga sajda qiladilar, — demoqda Egamiz. — Ular tashqariga chiqqanlarida Menga qarshi chiqqanlarning jasadlarini ko‘radilar. O‘sha jasadlarni yeydigan qurtlar o‘lmaydi, ularni yondiradigan olov hech qachon o‘chmaydi. Hammasi barcha inson zotiga jirkanch bo‘ladi.” Ushbu kitobda Xilqiyo o‘g‘li Yeremiyoning so‘zlari bayon etilgan. Yeremiyo Benyamin hududidagi Onoto‘t shahrida yashagan ruhoniylardan biri edi. Omon o‘g‘li Yo‘shiyo Yahudoda hukmronlik qilgan davrning o‘n uchinchi yilida, Egamizning so‘zi ilk bor Yeremiyoga ayon bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim davridan tortib, to Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Zidqiyo hukmronligining o‘n birinchi yiligacha, Egamiz Yeremiyoga O‘z so‘zini bir necha marta ayon qilgan edi. Zidqiyo hukmronligining o‘n birinchi yili, beshinchi oyida Quddus aholisi Bobilga surgun qilindi. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Onang qornida senga shakl bermasimdan oldin seni bilgan edim, Tug‘ilmasingdan oldin seni O‘zim uchun ajratib olgan edim. Xalqlarga seni payg‘ambar etib tayinlagan edim.” Men Unga shunday javob qaytardim: — Yo, Egam Rabbiy! Men tuzuk gapira olmayman. Hali juda yoshman. Egamiz esa menga shunday dedi: — O‘zingni, yoshman, deb aytma! Men seni kimning oldiga yuborsam, o‘shalarning oldiga borasan. Senga amr qilgan hamma gaplarimni ularga aytasan. Sen ulardan qo‘rqma. Men sen bilan birga bo‘laman, seni xalos qilaman. Egangning kalomi shudir. So‘ng Egamiz qo‘lini uzatib, labimga tekkizdi–yu dedi: — Mana, so‘zlarimni og‘zingga solib qo‘ydim. Xalqlar va shohliklarni qo‘porib, yo‘q qilishing uchun, vayron qilib, ag‘darishing uchun, bunyod etib, mustahkamlashing uchun bugun senga izn berdim. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qilib, shunday dedi: — Ey Yeremiyo, nimani ko‘ryapsan? — Bodom shoxini, — deb javob berdim men. — To‘g‘ri ko‘rding, — dedi Egamiz. — Bodom shoxi Mening hushyor turishimni bildiradi. Aytgan so‘zlarimni Men tez orada bajo keltiraman. Egamiz menga O‘z so‘zini yana ayon qilib, dedi: — Nimani ko‘ryapsan? — Shimolda qaynab turgan bir qozonni. Qozon biz tomonga ag‘darilay–ag‘darilay deb turibdi, — dedim. Egamiz menga shunday dedi: — Bu yurtning butun aholisi ustiga shimoldan falokat yog‘iladi. Egamiz shunday demoqda: “Men shimoldagi shohliklarining barcha xalqlarini chaqirib olyapman. Ularning shohlari kelib, o‘z taxtlarini Quddus darvozalarining yoniga o‘rnatadilar. Quddus devorlarini qurshab oladilar, Yahudo shaharlarining hammasiga hujum qiladilar. Shu yo‘sin Men xalqimga qarshi hukmimni e’lon qilaman, chunki O‘z xalqim Meni tark etib, qabihlik qildi. Ular begona xudolarga qurbonliklar keltirib, o‘z qo‘llarining ijodiga sajda qildilar. Sen esa bo‘laqol, belingni bog‘la. Buyurganlarimning hammasini ularga borib ayt. Ulardan qo‘rqma. Aks holda ularning oldida seni dahshatga solaman. Bugun Men seni bir qal’aday, temir ustunday va bronza devorday mustahkam qildim. Sen butun yurtga — Yahudo shohlariga, shahzodalariga, ruhoniylariga, yurt aholisiga qarshi chiqasan. Ular senga hujum qilishadi, lekin seni yenga olishmaydi. Men sen bilan birga bo‘laman, seni xalos qilaman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: — Quddusga borib, jar sol. “Egangiz shunday deb aytmoqda: Yoshligingdagi vafodorliging yodimda, Kelinchakligingdagi sevging esimda. Sen sahroda Menga ergashgan eding, Ekin ekilmagan yerda orqamdan yurar eding. Ey Isroil, sen Menga bag‘ishlangan eding, O‘rimimning ilk hosiliga o‘xshagan eding. O‘sha hosilni yegan har kim aybdor hisoblanardi, Bundaylarning boshiga kulfat kelar edi”, deb aytmoqda Egamiz. Ey Yoqub xonadoni, jamiki Isroil urug‘lari, Egamizning so‘zlarini eshitinglar. “Egamiz shunday demoqda: Ota–bobolaringiz Mendan nima ayb topdilar? Nima uchun Mendan uzoqlashdilar? Ular betayin butlarga sig‘indilar, O‘zlari ham betayin bo‘lib qoldilar. Ular Menga intilmaydilar. Men esa ularni Misrdan olib chiqqan edim, Cho‘ldan, chuqurliklarga to‘la sahrodan olib o‘tgandim, Zulmat qamragan qaqroq yerda olib yurgan edim. Odam yashamagan, oyoq yetmagan joydan olib o‘tgan edim. Men sizlarni hosildor yurtga olib kelgandim, Mevalaridan, mo‘l hosilidan yenglar, degan edim. Ammo sizlar kelib, yurtimni harom qildingizlar, Mulkimni jirkanch bir joyga aylantirdingizlar. Ruhoniylar Menga intilmaydilar, Qonun himoyachilari Meni bilmadilar, Hukmdorlar Menga qarshi bosh ko‘tardilar, Payg‘ambarlar Baal nomidan bashorat qildilar, Hech narsaga yaramaydigan butlarga ko‘ngil bog‘ladilar. Egamiz shunday demoqda: — Men sizlarni yana bir bor ayblayman, Nabiralaringizni ham ayblayman. G‘arbdagi Kipr qirg‘oqlariga borib ko‘ringlar, Sharqdagi Kedarga odam jo‘natib, bilib kelinglar. Bunday voqea hech yuz berganmikan? Biron xalq o‘z xudolaridan voz kechganmikan?! Xudolari haqiqiy bo‘lmasa–da, ulardan yuz o‘girganmikan?! Mening xalqim esa o‘z ulug‘vor Xudosidan voz kechdi, Qadrsiz butlarga Meni almashtirdi. Ey osmon, bundan hayratlangin, Vahima ichra titragin. — Egamizning kalomi shudir. — Mening xalqim ikkita gunoh qildi: Ular Meni — hayotbaxsh suv bulog‘ini tark etdilar. O‘zlari uchun sardobalar qazidilar, Suvni ushlab turolmaydigan yoriq sardobalar qurdilar. Isroil qulmidi?! Yoki qullikda tug‘ilganmidi? Nechun unda u g‘animlariga o‘lja bo‘ldi? G‘animlari unga sherday o‘kirdi, Ovozi boricha unga bo‘kirdi. O‘shalar dastidan Isroil yurti xarob bo‘ldi, Shaharlari vayron bo‘lib, huvullab qoldi. Nuf va Taxpanxasdagi xalqlar Sochingni qirib tashladilar. Ey Isroil, senga yo‘l ko‘rsatgan Xudoni tark etding, Shu qilmishing bilan o‘z boshingni o‘zing yeding. Endi nega Misrga borasan? Nil suvidan ichish uchunmi?! Nechun Ossuriyaga yo‘l olasan? Furot suvidan ichish uchunmi?! Qabihliging o‘zingning boshingga yetadi, Xiyonating seni mahkum qiladi. Egang Xudoni tark etganing Naqadar yomon va alamli ekanini Ko‘rib, bilib qo‘ygin. Sen Mendan qo‘rqmas ekansan”, demoqda Parvardigori Olam — Rabbiy. “Egamiz shunday demoqda: — Ey Isroil, sen ancha oldin bo‘yinturug‘ingni sindirgan eding, Ko‘p vaqt oldin kishanlaringni uzgan eding. “Senga xizmat qilmayman!” deb aytgan eding. Har bir baland tepalikda butlarga sajda etding, Har bir yashil daraxt ostida fohishaday yotding. Men seni a’lo tokday ekkan edim, Sen eng sara urug‘dan paydo bo‘lgan eding. Nechun endi aynib qolding? Nega yovvoyi tokka aylanib qolding? Sen o‘zingni ishqor bilan ishqalasang ham, Ko‘p sovun ishlatib, o‘zingni yuvsang ham, Aybdorlik dog‘laring ketmaydi, Bular doim ko‘z o‘ngimda bo‘ladi”, Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Shunday ekan, qanday qilib: “Bulg‘anmadim”, deb aytasan?! Nega “Baalga sig‘inmadim”, deysan?! Vodiyda qilgan ishlaringga qara, Qilgan qilmishlaring haqida o‘ylab ko‘r, Sen hirsi qo‘zigan ona tuyaga o‘xshaysan, O‘zingni u yoqdan–bu yoqqa urasan. Sahroda ulg‘aygan bir qulonga o‘xshaysan, Shahvating qo‘ziganda, havoni iskaysan. Sening hirsingni kim qondira oladi? Hech bir erkak senga erishish uchun o‘zini urintirishi shart emas, Juftlashish davrida seni osonlikcha topib olishadi. Ey Isroil, boshqa xudolarning ketidan yuguraverma, Chorig‘ing yirtilguncha, tomog‘ing quriguncha ular ketidan yuravermagin. Lekin sen shunday deding: “Gapirganing befoyda, Axir, men o‘sha xudolarni sevib qoldim, Ularning ketidan bormasam bo‘lmaydi.” Qo‘lga tushgan o‘g‘ri sharmanda bo‘lganday, Isroil xalqi ham sharmanda bo‘ladi. Ularning o‘zlari, shohlari, a’yonlari uyatga qoladi, Ruhoniylaru payg‘ambarlari sharmanda bo‘ladi. Ular yog‘ochga: “Mening otam sensan” deyishadi, Toshga: “Tuqqan onam sensan”, deb aytishadi. Ammo Menga yuz burmay, orqa o‘girishadi, Boshlariga kulfat kelganda esa, “Bizga najot ber!” deya Menga yolvorishadi. Xo‘sh, o‘zlaringiz uchun yasagan xudolaringiz qani? Kulfat chog‘ida sizlarni qutqara olsa, kelsin. Shaharlaringiz qancha ko‘p bo‘lsa, Xudolaringiz ham shunchadir, ey Yahudo xalqi. “Nechun Men bilan da’volashasiz?! Hammangiz Menga qarshi bosh ko‘tardingiz!” deb aytmoqda Egamiz. Ey xalqim, seni jazolaganim zoye ketibdi. Sen baribir gapimga kirmading. Sening qiliching yirtqich arslonday, Payg‘ambarlaringni qirib tashladi. Ey bu nasl, Egangning gaplariga quloq sol! Nahotki Men Isroil uchun sahroday bo‘lgan bo‘lsam?! Nahotki, zulmat qoplagan qorong‘i yerday bo‘lgan bo‘lsam?! Nechun xalqim: “Endi ozodmiz, oldingga qaytib bormaymiz”, deb aytadi? Qiz bola taqinchoqlarini unutadimi?! Kelinchak o‘z libosini esdan chiqaradimi?! Yo‘q! Ammo xalqim Meni unutdi, Oradan son–sanoqsiz kunlar o‘tib ketdi. Oshiqlarni topishga naqadar ustasan! Eng buzuq ayol ham sendan o‘rgansa bo‘ladi. Sen kiyimlaringni dog‘ qilding, Aybsiz qashshoqlarning qoniga belading, Ular uyingga o‘g‘ri bo‘lib tushmagan edi. Shunga qaramay sen: “Aybsizman”, deb aytasan. “Egamiz g‘azabidan tushgani aniq”, deysan. “Gunoh qilmadim”, deganing uchun, Men seni jazolayman. Nega sen yengiltaklik qilasan? Nega ittifoqchilaringni o‘zgartirasan? Sen Ossuriyadan yordam olmaganingday, Misrdan ham hech qanday yordam olmaysan. Sen Misrdan chiqib kelasan, Uyalganingdan yuzingni qo‘ling bilan to‘sasan. Zero, sen umid bog‘lagan xalqni Egamiz rad etdi. Sen ulardan hech qanday naf ko‘rmaysan.” Egamiz shunday demoqda: “Bir odam xotini bilan ajrashdi, deylik. Agar xotini borib, boshqasiga turmushga chiqsa, oldingi eri uni qayta nikohiga olishi mumkinmi?! Bunday bema’nigarchilik yurtni harom qilib yubormaydimi?! Ey Isroil, sen ko‘p o‘ynashlar orttirib fohishalik qilding. Endi qaysi yuz bilan oldimga qaytib kelmoqchisan?! Atrofingdagi yalang qirlarga nazar solib, qara! Sen fohishalik qilmagan biror joy qoldimi?! Sen yo‘l bo‘ylarida o‘tirib, o‘ynashlaringni kutding. Cho‘lda bosqinchilik qilishga shay turgan qaroqchiday bo‘lding. Menga qilgan bevafoliging va fosiqliging bilan, Butun yurtni harom qilding. Shu sababdan yomg‘ir yog‘madi, Bahorda yog‘ingarchilik bo‘lmadi. Sen fohishaday bezbetsan, Uyat degan narsani bilmaysan. Endi esa Menga: “Otajonimsan”, deyapsan, “Yoshligimdan buyon do‘stimsan”, deb aytyapsan! “Hadeb mendan jahling chiqaveradimi?” deysan, “Bir umr menga g‘azabingni sochasanmi?” deb aytasan, O‘zing esa imkoning boricha yovuzlik qilaverasan.” Shoh Yo‘shiyo davrida Egamiz menga shunday dedi: “Bevafo Isroilning qilmishlarini ko‘rdingmi? Har bir baland tepalikda va har bir yashil daraxt ostida u fohishalik qildi. [7-8] Barcha qilmishlaridan keyin ham, oldimga qaytib keladi, deb o‘ylagan edim. Lekin u qaytib kelmadi. Shuning uchun Men sadoqatsiz Isroilga taloq xatini berib, jo‘natib yubordim. Uning singlisi Yahudo esa buni ko‘rgan edi. Shunga qaramay bu munofiq zarracha ham qo‘rqmadi, u Menga vafo qilmay, fahshga berildi. *** Isroil tosh va yog‘ochdan yasalgan xudolarga sig‘inib, zino qilgan edi. Yengiltaklik bilan fohishalik qilib, yurtni harom etgan edi.” “Bularga qaramay, uning munofiq singlisi Yahudo, Menga sof ko‘ngil bilan qaytmadi. U ko‘zbo‘yamachilik qildi”, deb aytmoqda Egamiz. Keyin Egamiz menga shunday dedi: “Bevafo Isroil munofiq Yahudoga qaraganda o‘zini solih qilib ko‘rsatdi. Qani, shimolga bor, u yerda ushbu so‘zlarimni jar solib ayt: — Egamiz shunday deb aytmoqda: Ey bevafo Isroil, Menga yuz bur! Endi Men senga g‘azabimni sochmayman, Men rahmdilman. Sendan to abad g‘azablanmayman.” Egamizning kalomi shudir. “Faqatgina gunohingni tan olgin: sen Egang Xudoga qarshi bosh ko‘tarding, har bir yashil daraxt ostida begona xudolarga sajda etib, zino qilding, Mening gapimga kirmading”, deb aytmoqda Egamiz. Egamiz shunday demoqda: “Ey sadoqatsiz farzandlar, oldimga qaytinglar! Zero, Men xo‘jayiningizman. Har bir shahardan bittangizni, har bir xonadondan ikkitangizni olib, Quddusga olib kelaman. Men sizlarga ko‘nglimdagi cho‘ponlarni beraman. Ular sizlarni donolik va bilim bilan boshqarishadi. Sizlar yurtda ko‘payib, uvali–juvali bo‘lasizlar. Shunda xalq Mening ahd sandig‘im haqida gapirmaydigan bo‘ladi. Ular sandiq haqida o‘ylashmaydi, uni esga ham olishmaydi. Ularga zarurati bo‘lmagani uchun, yangisini yasashmaydi. Zero, o‘sha vaqtda Quddus “Egamizning Taxti”, deb ataladi. Hamma xalqlar Menga sajda qilish uchun Quddusda, Mening huzurimda to‘planadilar. Shundan keyin ular hech qachon yovuz yuraklarining o‘jarliklarini qilmaydilar. O‘sha kunlarda Yahudo va Isroil xalqlari birlashadi. Ular shimoldagi yurtdan Men ota–bobolaringizga mulk qilib bergan yurtga birga qaytib kelishadi.” Men, Egangiz, ichimda shunday degan edim: “Seni jon–jon deya O‘zimga farzand qilib olgan bo‘lar edim, Senga ajoyib yurtni sovg‘a qilgan bo‘lar edim, Xalqlarning eng go‘zal mulkini senga bergan bo‘lar edim. Meni “Otajonim deysan”, deya niyat qilgan edim, Mendan hech qachon yuz o‘girmaysan, deb o‘ylagan edim. Ammo, ey Isroil, Menga bevafolik qilding! Sen eriga xiyonat qilgan ayolday bo‘lding”, deb aytmoqda Egamiz. Yap–yalang qirlar uzra fig‘on eshitilmoqda, Isroil xalqi dodu faryod solmoqda. Zotan, ular haq yo‘ldan ozgan edilar, O‘zlarining Egasi Xudoni unutib yuborgan edilar. Ey, sadoqatsiz farzandlarim, orqaga qaytinglar! Bevafo qalbingizga Men shifo beraman.” Sizlar shunday deysizlar: “Mana, oldingga qaytyapmiz, Axir, Egamiz Xudo Sensan. Biz qirlarda butlarga sajda qilar edik, Qattiq shovqin–suron ko‘tarar edik. Ammo hammasi behuda ekan. Yagona Najotkorimiz Sensan. Bu yaramas butlar bolaligimizdan buyon, Otalarimizning mehnatini yo‘qqa chiqardi, Ularni mol–qo‘ylaridan ayirdi, O‘g‘il–qizlaridan judo qildi. Keling, sharmandalikni o‘zimizga to‘shak qilaylik, Uyatni yopinchiq qilib, ustimizga yopaylik! Axir, ota–bobolarimiz bilan biz Egamiz Xudoga qarshi gunoh qildik. Yoshligimizdan to bugungacha Egamiz Xudoning gapiga kirmadik.” Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil, qani endi qaytsang, Qani endi, Menga qaytib kelsang! Huzurimdan jirkanch butlaringni uloqtirib tashlasang, Qani endi, Mening yo‘limdan ozmay yursang. Qani endi, haqiqat, adolat va to‘g‘rilik ila “ Egamiz shohid!” deya qasam ichsang. Shunda xalqlar Men orqali baraka topadi, Ular Men bilan faxrlanadi.” Egamiz Yahudo xalqiga va Quddus aholisiga shunday deb aytmoqda: “Yeringizni shudgor qiling, Tikanlar orasiga urug‘ sepmang. Ey Yahudo xalqi va Quddus aholisi, O‘zingizni Men, Egangizga, bag‘ishlang, Yuragingizni sunnat qiling. Aks holda, yovuz qilmishingiz uchun G‘azabimni ustingizga olovday yog‘diraman, Olovni hech kim o‘chira olmaydi. Yahudoda e’lon qiling, Quddusda jar soling. Butun yurt bo‘ylab burg‘u chalinsin, Baland ovozda hayqiring: “To‘planinglar! Mustahkam shaharlarga qochaylik!” Quddusga qochib kelish uchun ishora bering, Imillamay, tezroq qoching! Men shimoldan kulfat keltirmoqdaman, Dahshatli halokat olib kelmoqdaman. Ana, xalqlarni halok etuvchi yo‘lga tushdi, U sher kabi chakalakzordan chiqdi. Yurtingizni xarob qilgani uyasini tark etdi. Evoh, endi shaharlaringiz vayron bo‘ladi, Hammasi huvullab qoladi. Marsiya aytib, faryod qilinglar, Qanorga o‘ranib olinglar. Axir, Egamizning alangali g‘azabi Bizni chetlab o‘tmadi. Egamiz shunday demoqda: “O‘sha kuni shoh bilan a’yonlarning yuragi orqaga tortib ketadi. Ruhoniylar bilan payg‘ambarlar dahshatga tushadi.” Shunda men dedim: “Yo, Egam Rabbiy, Sen Quddus aholisini yomon laqillatding! Qilich ularning bo‘g‘zida turgan bir paytda, Sen ularga tinchlik va’da qilding.” O‘sha payt kelganda Egamiz Quddus aholisiga shunday deb aytadi: “Sahrodagi yalang qirlardan chiqqan garmsel xalqim tomon esmoqda. U donni xashakdan tozalaydigan mayin shabada emas, balki Men yuborgan kuchli bir garmseldir. Men sizlarga qarshi O‘z hukmimni e’lon qilmoqdaman.” Qarang! Dushman bulutday ko‘tarilmoqda. Ularning jang aravalari quyun kabidir, Otlari burgutdan ham chaqqondir. Evoh, sho‘rimiz qurisin! Xonavayron bo‘ldik! “Ey Quddus, najot topishing uchun yuragingni pokla. Qachongacha yuragingda yovuz niyat saqlaysan?! Ana, Dan shahridan xabarchining ovozi eshitilmoqda, Efrayim qirlaridan bir shum xabar kelmoqda. Xalqlarga buni aytinglar, Quddusda shunday e’lon qilinglar: “Olis yurtdan bosqinchilar kelmoqda, Ular Yahudo shaharlariga qarshi hayqirmoqda. Bosqinchilar dala qo‘riqchilariga o‘xshab, Quddusni qurshab olishadi. Zotan Quddus ahli Menga qarshi bosh ko‘tardi”, demoqda Egamiz. Tutgan yo‘lingizdan, qilgan qilmishingizdan Bu kulfat boshingizga keldi–ku! Jazoingiz shudir. Oh, naqadar achchiq bo‘lmasa bu kulfat! Naqadar yurakni ezadi–ya!” Voy jonim, adoyi tamom bo‘ldim! Voy yuragim! Qinidan chiqquday bo‘lyapti! Sukut saqlab tura olmayman, Eshityapman burg‘u sadolarini, Eshityapman urushga da’vatlarni. Kulfat ketidan kulfat keldi, Butun yurt xonavayron bo‘ldi. Bir zumda chodirlarim buzilib ketdi, Chodirimning pardalari yo‘q bo‘ldi. Qachongacha yov bayrog‘i ko‘zim oldida hilpirab turaveradi?! Qachongacha burg‘u ovozi qulog‘imga chalinaveradi?! Egamiz shunday javob berdi: “Axir, Mening xalqim befarosat, Ular Meni tanishmaydi. Ular nodon, aqlsiz farzandlardir. Yomonlik qilishga usta, Yaxshilik qilish esa qo‘llaridan kelmaydi.” Men yerga qaradim, yer ayqash–uyqash edi, Ko‘zimni osmonga tikdim, osmonda nur ko‘rinmasdi. Tog‘larga qaradim, tog‘lar silkinayotgan edi, Hamma qirlar larzaga kelgan edi. Qaradim, ammo inson zoti ko‘rinmadi, Hatto ko‘kdagi qushlar ham uchib ketgan edi. Qaradim, hosildor yerlar cho‘lga aylangan edi, Hamma shaharlar vayron bo‘lgan edi. Bunga sabab Egamizning qattiq qahri edi. Zero, Egamiz shunday degan edi: “Butun yurt vayron bo‘ladi, Lekin yurtni butunlay yo‘q qilib yubormayman. Butun dunyo aza tutadi, Osmon ham qop–qora bo‘lib ketadi. Buni Men aytdim, shaxtimdan qaytmayman. Qaror qildim, qarorimni o‘zgartirmayman.” Otliq va kamonchilar hayqirig‘idan Har bir shahar aholisi qochib qoladi. Ular chakalakzorlar oralab yugurishadi, Qoyalarga chiqib, oralariga yashirinib olishadi. Hamma shaharlar huvullab qoladi, U yerlarda yashaydigan odam bo‘lmaydi. Sen esa, ey xarobazorga aylangan shahar, Nega ustingga qirmizi libos kiyib olding, Oltin taqinchoqlar bilan bezanding? Nega ko‘zlaringni bo‘yab olding? Bekorga bezanib olibsan! O‘ynashlaring sendan nafratlanadi, Joningga qasd qilmoqchi ular. Ana, kimdir to‘lg‘oq tutgan ayolday baqirmoqda, Kimdir ilk bor tug‘ayotgan ayolday ingramoqda. Qiz Quddus entikib qichqirmoqda, Qo‘llarini cho‘zib shunday demoqda: “Sho‘rim qurisin! Qotillarim oldida madorim qolmadi.” Egamiz shunday deydi: “Quddusning har bir ko‘chasiga kirib chiqinglar, Atrofingizga qarab, bilib olinglar, Shahar maydonlarida qidirib ko‘ringlar, Biron adolatli, rostgo‘y odam bormikan. Agar shunday odamni topib kelsangiz, Men Quddus aholisining gunohidan o‘taman. Ular “ Egamiz shohid!” deya qasam ichadilar, Ammo ichgan qasamlari yolg‘on.” Ey Egam, Sen haqiqatni izlaysan. Sen bu xalqni urgan eding, Ammo ular og‘riq sezmadilar. Ularni deyarli yo‘q qilib yuborganingda ham, Gapingga kirmadilar. Betlarini toshdan ham qattiq qildilar, Tavba qilishni xohlamadilar. Shunda men ichimda dedim: “Eha, bular kambag‘al–ku! Shuning uchun ularning farosati yo‘q, Ular Egamizning yo‘lini bilmaydi, Xudosining qonunini tanimaydi. Qani, boylarning oldiga boray–chi, Ular bilan gaplashib ko‘ray–chi, Egamizning yo‘lini ular albatta biladi, Ular Xudosining qonunini tanishadi.” Ammo ularning hammasi bo‘yinturug‘ini sindirgan ekan, Egamizga itoat etishdan bosh tortgan ekan. Shuning uchun o‘rmondan chiqqan sher ularni o‘ldiradi, Cho‘ldan kelgan bo‘ri ularni g‘ajib tashlaydi. Qoplon shaharlari oldida pisib turadi, Shahardan chiqqan har bir odamni tilka–pora qiladi. Axir, ular ko‘p gunoh qildilar, Xudoga ko‘p xiyonat etdilar. “Sizlarni qanday qilib kechiraman?! Farzandlaringiz Meni tark etdilar–ku! Xudo bo‘lmagan butlarning nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichdilar. Men ularning ehtiyojlarini qondirar edim, Ular esa zino qilaverar edilar, Fohishalarning uyiga to‘dalashib borar edilar. Ular hirsi qo‘zg‘agan ayg‘ir otlar kabi edi, Har biri qo‘shnisining xotiniga kishnar edi. Men ularni buning uchun jazolamaymi?! Shunday bir xalqdan o‘ch olmaymi?!” Egamizning kalomi shudir. “Qani, ularning uzumzorlariga kiringlar, Toklarini kesib tashlanglar. Ammo butunlay yo‘q qilmanglar. Novdalarini sindiringlar, Endi ular Meniki emas. Axir, Isroil va Yahudo xalqlari Menga butunlay hiyonat qilishdi.” Egamizning kalomi shudir. Isroil xalqi Xudo haqida yolg‘on gapirdi, Ular shunday dedi: “Xudo baribir hech narsa qilmaydi. Hech qanday ko‘rgilik boshimizga tushmaydi! Qahatchilik, urush bo‘lmaydi! Payg‘ambarlarining bema’ni so‘zlari shamolga o‘xshaydi, Xudoning so‘zi ularga ayon bo‘lmagan. Bu kulfatlar o‘zlarining boshiga tushsin!” Shuning uchun Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Ey Yeremiyo, xalqim aytgan bu so‘zlari uchun, Men O‘z so‘zlarimni sening og‘zingda olovday qilaman. Bu xalq esa o‘tin kabi bo‘ladi, Olov ularni yondirib tashlaydi.” Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, Men olisdagi bir xalqni qo‘zg‘ataman. Ularni sizga qarshi yuboraman. Ular kuchli, qadimgi bir xalqdir. Bu xalqning tilini sizlar bilmaysizlar, Ularning gaplarini tushunmaysizlar. Ularning hammasi mohir jangchilardir, O‘qlari o‘lim elchilaridir. Ular hosilingizni, noningizni yeb bitirishadi, O‘g‘il–qizlaringizni o‘ldirishadi. Mol–qo‘ylaringizni bo‘g‘izlashadi, Uzumzoru anjirzorlaringizni yo‘q qilishadi. Suyangan mustahkam shaharlaringizni Qilich bilan vayron qilishadi.” Egamiz shunday demoqda: “Shunday kunlarda ham Men O‘z xalqimni butunlay qirib yubormayman. Xalqim sendan: “Nima uchun Egamiz Xudo bunday ishlarni qildi?” deb so‘raganda, sen, ey Yeremiyo, ularga shunday javob ber: “Sizlar Xudoni tark etib, yurtimizda begona xudolarga xizmat qildingizlar. Endi o‘zga yurtda begonalarga xuddi shunday xizmat qilasizlar.” “Borib, Yoqub nasliga shunday deb ayt, Yahudo xalqiga shunday deb e’lon qil: Sizlarning ko‘zingiz bor, ammo ko‘rmaysizlar, Qulog‘ingiz bor, ammo eshitmaysizlar. Ey aqlsiz, befarosat odamlar, Gaplarimni eshitinglar!” Egamiz shunday demoqda: “Nahotki Mendan qo‘rqmasangizlar?! Mening oldimda titramasangizlar?! Axir, Men qumni dengizga chegara qilib qo‘ydim, Qumni o‘tib bo‘lmaydigan abadiy to‘siq qildim. To‘lqinlar ko‘pirib, ko‘tarilsa ham, To‘siqdan ustun kelolmaydi. Hayqirib o‘kirsa ham, Undan oshib o‘tolmaydi. Ammo bu odamlar o‘jar va isyonkordir, Ular yo‘ldan ozib, Meni tark etdilar, Ular ichlarida hech qachon aytmaydilar: “Egamiz Xudodan qo‘rqaylik, U o‘z vaqtida yomg‘ir yog‘diradi–ku. Kuzda ham, bahorda ham yerimizni sug‘oradi–ku. O‘rim–terim mavsumini o‘z vaqtida beradi–ku”, deb. Gunohlaringiz sizlarni bulardan mahrum etdi, Ayblaringiz sizlarni barakadan judo etdi. “Ha, xalqim orasida yaramas odamlar bor. Ular qushtutar kabi pisib yotishar, Tuzoq qo‘yib, odamlarni o‘z domiga tortishar. Ovchi qafasni qushlarga to‘ldirganday, Ular uylarini hiylaga to‘ldirdilar. Shu tufayli kuchayib, davlat orttirdilar, Semirib, yaltirab ketdilar. Qabih ishlarining cheki–chegarasi yo‘q. Ular yetimni oqlashga harakat qilmaydi, Yo‘qsilning haqini himoya etmaydi. Ularni bu uchun jazolamaymi?! Shunday bir xalqdan o‘ch olmaymi?!” Egamizning kalomi shudir. “Qo‘rqinchli va dahshatli ishlar Bu yurtda sodir bo‘lmoqda: Payg‘ambarlar yolg‘ondan bashorat qilmoqda, Ruhoniylar o‘zlaricha xalqni boshqarmoqda, Xalqqa bularning hammasi xush kelmoqda. Ammo oxirida ular nima qilar ekan–a?” Ey Benyamin nasli, Joningizni qutqaringlar! Quddusdan qochib chiqinglar! Taxuva shahrida burg‘u chalinglar! Bayt–Xakerem shahrida olov yoqib, belgi ko‘rsatinglar. Ana, shimoldan bir falokat kelyapti, Dahshatli bir halokat yaqinlashyapti. Qiz Quddus go‘zal va latofatlidir, Ammo Men uni yo‘q qilib tashlayman. Shahar atrofiga joylashib olgan cho‘ponlarday, Dushmanlar Quddusni qamal qiladi. Har biri o‘z lashkari uchun joy tanlaydi. Ular shunday deb aytishadi: “Quddusga qarshi jangga tayyorlaninglar! Bo‘la qolinglar, kunduz kuni ularga hujum qilamiz! Sho‘rimiz qurisin! Kun ham botyapti, Oqshom soyalari bo‘y cho‘zib qoldi. Endi tunda hujum qilamiz, Shahardagi qal’alarni vayron etamiz!” Sarvari Olam dushman lashkariga shunday demoqda: “Daraxtlarini kesib tashlanglar, Quddus devoriga qiyalatib tuproq uyinglar. Bu shahar jazolanishi kerak, Shahar zo‘ravonlikka to‘lib–toshgan. Buloqdan suv qaynab chiqqani singari, Quddusdan qabihliklar qaynab chiqyapti. Zo‘ravonligu buzg‘unchilik sadolari eshitilyapti. U yerda ko‘rganim xastaligu yaralar. Ey Quddus, esingni yig‘ib olgin, Yo‘qsa Men sendan yuz o‘giraman. Seni tashlandiq bir joyga aylantiraman, Yurtingni huvullatib qo‘yaman. Dushmanlaringga aytaman, Ular seni ship–shiydam qiladilar, Bir shingil uzumi qolmagan tokka o‘xshatib qo‘yadilar.” Sarvari Olamning kalomi shudir. Ey Egam! Kimga gapiray, kimni ogohlantiray?! Kim mening gaplarimga quloq soladi?! Qara, ularning quloqlari yopiq, Ular hech narsani eshitmaydi. Sening so‘zingdan ular xafa bo‘ladi, Uni eshitishni xush ko‘rmaydi. Ammo ichim Sening g‘azabingga to‘lgan edi, Jahlimni tiyishdan charchadim. Egamiz menga shunday dedi: “G‘azabimni ko‘chadagi bolalarga sochgin, To‘dalashib turgan yigitlarga sochgin. G‘azabim erkagu ayollarga tushadi, Munkillagan qariyalar ham undan qochib qutulmaydi. Uylari, dalalari va xotinlari Boshqa birovlarga beriladi. Men bu yurt aholisiga qarshi qo‘l ko‘taraman.” Egamizning kalomi shudir. “Ular kichkinasidan tortib kattasigacha, Nafsini tiyolmay harom yo‘l bilan pul topishadi. Payg‘ambardan tortib ruhoniygacha — Hammasi tovlamachilik qilishadi. Xalqimning yaralarini yuzaki davolashadi. Ahvol og‘ir bir paytda “hammasi yaxshi”, deb aytishadi. Jirkanch ishlari uchun uyaladilarmi? Yo‘q, uyalmaydilar! Qizarish degan narsani bilmaydilar. Shuning uchun boshqalarday halok bo‘ladilar, Ularni jazolab, xonavayron qilaman”, deb aytmoqda Egamiz. Egamiz O‘z xalqiga shunday deb aytmoqda: “Chorrahalarda turib qarang, Qadimgi yo‘llar haqida so‘rang, Yaxshi yo‘l qayerda ekanligini bilib oling. O‘sha yo‘ldan yuring, Shunda ko‘nglingiz taskin topadi.” Ammo ular: “Yo‘q, u yo‘ldan yurmaymiz”, dedilar. Egamiz qo‘riqchilarni qo‘yib, ularga: “Burg‘uning jangovar sadolariga quloq solinglar”, deb tayinladi. Ular esa “Quloq solmaymiz”, deb aytdilar. “Shuning uchun, ey xalqlar, eshiting! Xalqim ne holga tushishini bilib oling. Ey zamin, quloq sol! Men bu xalqning boshiga kulfat keltiraman, Yomon niyatlarining oqibatidir shudir. Zotan ular so‘zlarimga kirmadilar, Qonunlarimni rad etdilar. Shava yurtidan keltirilgan ziravorlarni nima qilaman?! Olis yurtdan olib kelingan xushbo‘y qamishni nimaga ishlataman?! Kuydiriladigan nazrlaringizni Men qabul qilmayman, Qurbonliklaringizdan xushnud bo‘lmayman.” Shu sababdan Egamiz demoqda: “Men bu xalqqa to‘g‘onoq solaman, Otalar farzandlari bilan birga qoqilib tushadilar, Qo‘shnilar yor–birodarlari bilan birga halok bo‘ladilar.” Egamiz shunday demoqda: “Ana, shimoldagi yurtdan odamlar kelmoqda, Dunyoning chetidan buyuk bir xalq qo‘zg‘almoqda. Kamonu nayzalar bilan qurollangandir ular, Shafqat qilmaydigan zolimdir u odamlar. Ular otlarini yeldiradi, To‘lqinlangan dengizday guvullab keladi. Ey qiz Quddus, ular qarshingda saf tortadilar, Jang qilishga shay bo‘lib turadilar.” “Ular haqidagi bu xabarni eshitdik, Madorimiz qolmadi. Azobu iztirob chekdik Dard tutgan ayol kabi. Dalalarga bormanglar, Ko‘chalarda yurmanglar! Dushman qilichini tutgan. Atrofni dahshat qamragan.” Ey xalqim, qizalog‘im! Qanorga o‘ranib, kulga belangin. Yolg‘iz farzand uchun aza tutgandek, Achchiq–achchiq yig‘lagin. Ana, halok etuvchi kelyapti, U to‘satdan senga hujum qiladi. Ey Yeremiyo, xalqimni tekshirgin, Temirni sinaganday ularni sinagin, Tutgan yo‘llarini bilib olgin. Ularning hammasi o‘jar va beboshdir, Birovlarga tuhmat qilib yuradilar. Bag‘rlari mis va temir kabi qattiq, Hammasi buzg‘unchilik qiladilar. Ana, bosqonga to‘xtovsiz dam berilmoqda, O‘choqdagi olov lovullab yonmoqda. Ammo bunday olov ham ularni tozalay olmadi, Ular fosiqligicha qoldi. Ularni “sifatsiz kumush”, deb ataydilar, Axir, Egamiz ularni rad etdi. Yeremiyoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi: “Egang uyining darvozasi oldiga bor. O‘sha yerda turib, baland ovozda shunday deb ayt: Ey jamiki Yahudo xalqi — Egamizga sajda qilish uchun mana bu darvozalardan kirganlar! Egamizning gaplarini eshitinglar. Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Yomon yo‘lingizdan qaytinglar. Turmush tarzingizni o‘zgartiringlar. Shundagina bu yurtda yashashingizga ijozat beraman. “Egamizning Ma’badi shu yerda! Mana, Egamizning Ma’badi, shuning uchun hech qanday xavf–xatar yo‘q!” degan yolg‘on so‘zlarga ishonmang. Agar haqiqatan yomon yo‘lingizdan qaytsangiz, turmush tarzingizni o‘zgartirsangiz, bir–biringizga nisbatan adolatli bo‘lsangiz, musofirlarga, yetim va bevalarga zulm qilmasangiz, bu yurtda aybsiz odamning qonini to‘kmasangiz, boshingizga falokat keltiradigan boshqa xudolarga ergashmasangiz, bu yerda qolishingizga ijozat beraman. Men ota–bobolaringizga abadiy mulk qilib bergan bu yurtda sizlar yashayverasizlar. Ammo sizlar yolg‘on so‘zlarga ishonyapsizlar. O‘g‘irlik qilyapsizlar, odam o‘ldiryapsizlar, zino qilyapsizlar, yolg‘ondakam qasam ichyapsizlar, Baalga nazrlar atab, o‘zingiz bilmagan xudolarga ergashyapsizlar. Shunday ekan, nima uchun sizlar Mening nomim bilan atalgan uyimga kelib, “Biz xavf–xatardan xolimiz!” deb aytyapsizlar?! Bunday jirkanch ishlarni davom ettirish uchunmi?! Aytinglar–chi, Mening nomim bilan atalgan bu uy sizlar uchun qaroqchilar uyasi bo‘lib qoldimi?! Qilgan barcha ishlaringizni Men O‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman–ku!” deb aytmoqda Egamiz. “Qani, Shilo‘ shahriga boringlar! Men ilk bor o‘sha joyni ulug‘lanishim uchun tanlagan edim. Ammo xalqim Isroilning qabihliklari tufayli o‘sha joyni ne ahvolga solganimni ko‘rib qo‘yinglar. Bunday yovuz ishlarni qilayotganingizda, Men sizlarga qayta–qayta gapirdim. Ammo sizlar gaplarimga quloq solmadingiz. Sizlarga xitob qildim, ammo javob bermadingiz”, deb aytmoqda Egamiz. “Shunday ekan, Men Shilo‘ni ne ko‘yga solgan bo‘lsam, O‘z nomim bilan atalgan uyimni ham o‘sha ahvolga solaman. Sizlar umid bog‘lagan bu uyimni va ota–bobolaringizga bergan bu yurtni Shilo‘ning ahvoliga tushiraman. Qondoshingiz Efrayim xalqini uloqtirganimday, sizlarni ham O‘z huzurimdan uloqtirib tashlayman.” Egamiz shunday dedi: “Ey Yeremiyo, sen bu xalq uchun ibodat qilma! Ular uchun faryod qilib, iltijo qilma! Ularni deb, Menga yolvorma! Men senga quloq solmayman. Yahudo shaharlarida, Quddus ko‘chalarida ular nimalar qilayotganini ko‘rmayapsanmi?! Bolalar o‘tin yig‘ishadi, otalari olov yoqishadi, xotinlar esa xamir qorib, Samo Qirolichasiga atab nonlar yopishadi. G‘azabimni keltirish uchun begona xudolarga sharob nazrini keltirishadi.” Egamiz shunday demoqda: “Bu qilmishlari bilan ular Menga emas, o‘zlariga zarar keltirmoqda–ku! O‘zlarini sharmanda qilishmoqda–ku!” Shu sababdan, Egamiz Rabbiy demoqda: “Men qahru g‘azabimni bu zaminga, insonlaru hayvonlarga, daladagi daraxtlaru ekinlarga sochaman. G‘azabim so‘nmas olovday yonadi.” Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Sizlar qurbonliklarning go‘shtini yeysizlar, kuydiriladigan qurbonliklaringizning go‘shtini ham o‘zlaringiz yeyaveringlar. Men ota–bobolaringizni Misrdan olib chiqqanimda ularga nafaqat qurbonliklar va kuydiriladigan qurbonliklarga oid amrlar bergan edim, balki ularga yana shunday amr bergan edim: “Menga itoat qiling! Shunda Men sizning Xudoyingiz, sizlar esa Mening xalqim bo‘lasizlar. Faqat Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar, shunda baxtiyor bo‘lasizlar.” Ammo ular itoat qilishni ham, quloq solishni ham xohlamadilar. Yovuz yuraklarining o‘jarliklarini qildilar. Oldinga yurmay, orqaga ketdilar. Ajdodlaringiz Misrdan chiqqan kunidan boshlab shu kunga qadar, ketma–ket payg‘ambar qullarimni ularning oldilariga jo‘natdim. Ammo ular Menga quloq ham solmadilar, e’tibor ham bermadilar. Ular qaysar edilar, yovuz qilmishlari bilan ota–bobolaridan ham o‘tib tushdilar. Ey Yeremiyo, sen borib, aytganlarimning hammasini ularga yetkazasan, lekin ular senga quloq solishmaydi. Ularga xitob qilasan, ammo ular senga javob berishmaydi. Shuning uchun sen ularga shunday deb ayt: “Sizning xalqingiz Egasi Xudoga itoat qilmadi, Uning gapiga kirmadi. Haqiqat qolmabdi, og‘zingizdan haq so‘z chiqmaydigan bo‘ldi.” “Ey Quddus aholisi, aza tuting! Sochingizni qirib tashlang. Marsiyangiz yalang qirlar uzra nola qilsin, Zero, Egamizning toqati toq bo‘ldi, U bu naslni rad etib, tashlab ketdi. Egamiz shunday demoqda: “Yahudo xalqi o‘zining Egasi oldida qabihliklar qildi. Ular Mening nomim bilan atalgan uyimga makruh butlarini o‘rnatdilar. Uyimni harom qildilar. Shunisi yetmagandek, Xinnum soyligidagi Tofatda sajdagohlar qurdilar. U yerda o‘z o‘g‘ilu qizlarini olovda kuydirdilar. Ammo Men ularga buni amr qilmaganman, bunaqasini xayolimga ham keltirmaganman.” Egamiz shunday demoqda: “Qarab turing! Shunday kunlar keladiki, odamlar bu joyni Tofat yoki Xinnum soyligi, deb atamaydi. Bu joy “Qirg‘in vodiysi” deb nom oladi. U yerda ko‘p murdalar dafn qilinadi, murdalar ko‘pligidan qabrlarga joy yetmay qoladi. Bu xalqning jasadlari qushlarga va yovvoyi hayvonlarga yem bo‘ladi, hech kim ularni haydamaydi. Yahudo shaharlarida va Quddus ko‘chalarida shodu xurramlik sadolari bo‘lmaydi, kelin–kuyovning ovozi eshitilmaydi. Bu yurt huvullab qoladi.” Egamiz shunday demoqda: “O‘sha vaqtda Yahudo shohlarining suyaklari, a’yonlarning, ruhoniylarning, payg‘ambarlarning va Quddus aholisining suyaklari qabrlardan olib chiqiladi. Ularning suyaklari quyosh, oy va osmon yulduzlari oldida sochib tashlanadi. Zotan bu odamlar osmon jismlarini sevar edilar, o‘shalarga xizmat qilar edilar, ularga ergashib, maslahat solar edilar, o‘shalarga sajda etar edilar. Ularning suyaklarini hech kim yig‘ib ko‘mmaydi, go‘ngday yer ustida yotaveradi. Bu yovuz naslning omon qolganlarini Men turli joylarga surgun qilaman. O‘shanda ular yashashdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘radigan bo‘ladilar.” Sarvari Olamning kalomi shudir. Ularga borib ayt: Egamiz shunday deb aytmoqda: Yiqilgan odam turmaydimi?! Yo‘ldan adashgan ortiga qaytmaydimi?! Nima uchun bu xalq Men ko‘rsatgan yo‘ldan ozdi? Nima uchun Quddus ahli to‘g‘ri yo‘lga qaytmayapti? Ular yolg‘onga qattiq yopishib oldilar, Huzurimga qaytishdan bosh tortdilar. Men ularning gaplariga yaxshilab quloq soldim, Birontasi to‘g‘ri gap aytmaydi. Hech biri qilmishidan pushaymon bo‘lmaydi, “Nimalar qilib qo‘ydim?” demaydi. Ular jangga chopgan otga o‘xshaydilar O‘z yo‘llaridan qaytmaydilar. Hattoki osmondagi laylaklar Qaytib kelish vaqtini biladi. Kaptar, qaldirg‘ochu turnalar Mavsumda ko‘chish vaqtiga amal qiladi. Mening xalqim esa o‘z Egasining Qonun–qoidalarini bilmaydi. Sizlar: “Biz donomiz” deb aytasiz, “Bizda Egamizning qonunlari bor”, deb maqtanasiz. Aslida tafsirchilar qalloblik qilib, Qonunimni o‘zgartirdilar. Bunday donolar sharmanda bo‘ladi, Sarosimaga tushib, tuzoqqa ilinadi. Egamizning so‘zini rad etganlarni Dono, deb bo‘ladimi?! Shuning uchun ularning xotinlarini boshqalarga beraman, Dalalarini bosqinchilarga topshiraman. Zotan ularning kichigidan tortib kattasigacha Nafsini tiyolmay harom yo‘l bilan pul topishadi. Payg‘ambaridan tortib ruhoniysigacha — Hammasi tovlamachilik qilishadi. Xalqimning yaralarini yuzaki davolashadi. Ahvol og‘ir bir paytda “hammasi yaxshi”, deb aytishadi. Jirkanch ishlari uchun ular uyaladilarmi? Yo‘q, ular uyalmaydilar! Qizarish degan narsani bilmaydilar. Shuning uchun boshqalarday halok bo‘ladilar, Ularni jazolab, xonavayron qilaman”, deb aytmoqda Egamiz. “Men ularning hosilini tortib olaman. Toklarida uzum qolmaydi, Anjir daraxtlari meva tugmaydi, Barglari to‘kilib xazon bo‘ladi. Ularga nima bergan bo‘lsam, Hammasidan judo bo‘lishadi.” Egamizning kalomi shudir. Yahudo odamlari bir–biriga aytishadi: “Bu yerda nima qilib o‘tiribmiz axir? Qani bo‘linglar, yig‘ilishib, Mustahkam shaharlarga qochib boraylik, O‘sha yerda jon taslim qilaylik. Evoh, Egamizga qarshi gunoh qildik! Egamiz Xudo bizni o‘limga mahkum etdi, Zaharli suvdan bizga ichirdi. Biz tinchlikni izladik, Ammo yaxshilik kelmadi. Shifo topmoqchi edik, Ammo vahimaga duchor bo‘ldik. Ana, dushman Dan shahriga yetib keldi, U yerdan otlarining pishqirgani eshitilmoqda. Ayg‘irlarning kishnagani Butun yurtni titratmoqda. Dushman yurtimizni yakson qilmoqchi, Shaharlarni vayron etib, odamlarni o‘ldirmoqchi.” Egamiz shunday demoqda: “Men orangizga ilonlarni yuboryapman, Bu zaharli ilonlar sizlarni chaqadi, Bu ilonlarni o‘ynatib bo‘lmaydi.” Qayg‘ularimga tasalli topa olmayapman, Yurak–bag‘rim ezilib ketdi. Xalqim faryod etmoqda, Yurt bo‘ylab dod–voylari eshitilmoqda: “Nahotki Egamiz Quddusni tark etgan bo‘lsa?! “Nahotki Shohimiz Sionda bo‘lmasa?!” Egamiz shunday javob berdi: “Ular butlari bilan qahrimni keltirdilar–ku! Yaroqsiz begona tasvirlari bilan Meni g‘azablantirdilar–ku!” Xalq esa shunday deb nolimoqda: “O‘rim vaqti o‘tdi, Yoz ham tugadi, Biz esa hanuz qutqarilmadik!” Xalqim tortgan azoblardan ezilib ketdim, Qayg‘urib, vahimaga tushdim. Nima, Giladda malham yo‘qmidi?! Tabib yo‘qmidi?! Unday bo‘lsa, nega xalqim shifo topmayapti? Koshkiydi, boshim bir buloq bo‘lsa, Ko‘zlarim yoshlar chashmasi bo‘lsa. Xalqim halokatga uchragani uchun, Kechayu kunduz yig‘lagan bo‘lar edim! Qaniydi, sahroda bir qo‘nolg‘am bo‘lsaydi, Men xalqimni tark etgan bo‘lardim, Ularning orasidan chiqib ketardim! Axir, ularning hammasi zinokor, xoinlar to‘dasidir. Egamiz shunday demoqda: “Xalqim tillarini kamon kabi qayirib, Yolg‘on so‘zlarni o‘qdek otishadi. Xalqim nohaqlik qilib, yurtda kuchayib bormoqda, Yomonlik ketidan yomonlik qilmoqda, Ular Meni tan olmaydilar.” “Qo‘shningizdan ehtiyot bo‘ling, Qarindoshingizga ishonmang. Hamma qarindoshingiz yolg‘onchi, Hamma qo‘shningiz tuhmatchi. Qo‘shni qo‘shnisini aldaydi, Birontasi to‘g‘ri gap gapirmaydi. Tili yolg‘on gapirishga o‘rganib qolgan. Holdan toyguncha gunoh qilishadi. Ey Yeremiyo, sen yolg‘onchilar orasida yashayapsan, Ular yolg‘onlari dastidan Meni tan olishni xohlamayaptilar.” Egamizning kalomi shudir. Shu sababdan Sarvari Olam demoqda: “Men xalqimni sinovdan o‘tkazib, poklayman. Ularni boshqa nima ham qilar edim?! Ularning tili halokat keltiradigan o‘qqa o‘xshaydi, Og‘zidan faqat yolg‘on so‘zlar chiqadi. Qo‘shnilariga shirin gapirishadi, Ichlarida esa ularni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lishadi. Shunday ekan, bular uchun ularni jazolamaymi?! — deb aytmoqda Egamiz, Shunday bir xalqdan o‘ch olmaymi?!” Men tog‘lar uchun faryod qilib, yig‘layman, Dashtdagi yaylovlar uchun marsiya aytaman, Chunki yaylovlarning hammasi qurib qolgan. U yerdan hech kim o‘tmaydi, Sigirlarning ma’rashi eshitilmaydi. Qushlaru hayvonlar bu yerlarni tark etgan. Egamiz shunday dedi: “Men Quddusni vayron qilaman, Bu yerni chiyabo‘rilarning makoniga aylantiraman. Yahudo shaharlari huvullab qoladi, U yerda bironta ham odam qolmaydi.” Men Egamizdan so‘radim: “Ey Egam, nechun bu yurt shu qadar vayron bo‘lib ketdi? Nechun sahro kabi huvullab qoldi? U yerda bironta ham sayyoh ko‘rinmaydi. Qaysi farosatli odamning bunga aqli yetadi?! Sen bularni kim orqali xalqqa yetkazasan?” Egamiz shunday javob berdi: “Men xalqimga qonunlar bergan edim, lekin ular rad etdilar, Menga itoat etmadilar, qonunlarimga rioya qilmadilar. Aksincha, yuraklarining o‘jarliklarini qildilar, ota–bobolari o‘rgatgandek Baalga sig‘indilar.” Shuning uchun Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: “Men bu xalqqa achchiq o‘tdan yedirib, zaharli suvdan ichiraman. O‘zlari va ota–bobolari bilmagan xalqlar orasiga Men ularni tarqatib yuboraman. Ularning ketidan qilich jo‘natib, qirdirib tashlayman.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Endi quloq soling! Yig‘ichilarni chaqirib keling, Ularning eng mohirlari kelsin.” Xalq shunday dedi: “Ularga ayting, tezroq kelsin. Biz uchun marsiya aytishsin, Ko‘zimizdan yoshlar oqsin, Kipriklarimizdan suvlar to‘kilsin Ana, Quddusdan faryod eshitilmoqda: “Xonavayron bo‘ldik! Qanday sharmandagarchilik! Yurtimizni tark etishga majburmiz, Uylarimiz vayron bo‘ldi.” Ey ayollar, Egamizning so‘zini eshiting, Uning og‘zidan chiqqan har bir so‘ziga quloq soling. Qizlaringizga marsiya aytishni o‘rgating, Bir–biringizga yig‘i qo‘shig‘ini yodlating. Ana, derazalardan o‘lim o‘rmaladi, Qal’alarimizga kirib oldi. Ko‘chalardagi bolalarni yo‘q qilib tashladi, Maydonlardagi yoshlarni qirib yubordi. Ey ayollar, sizlar ayting: — Egamiz shunday demoqda: “Odamlarning jasadlari yotadi Daladagi go‘ng kabi, O‘roq solingan bug‘doy kabi. Ularni hech kim yig‘ishtirib olmaydi.” Egamiz shunday deb aytmoqda: “Donolar donoligi bilan maqtanmasin. Kuchlilar kuchi bilan maqtanmasin. Boylar boyligi bilan maqtanmasin. Kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Xudoni bilaman, deb maqtansin, Xudoni tushunaman, deb maqtansin. Men Egangizman. Men mehr–shafqat ko‘rsataman, yer yuzida adolatu haqiqat ila ish tutaman. Bunday qilishdan Men zavqlanaman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Shunday kunlar keladiki, badani sunnat qilingan, yuragi esa sunnat qilinmagan odamlarning hammasini Men jazolayman. Ha, Men Misrliklarni, Edom naslini, Ommon xalqini, Mo‘abliklarni, sochini oldirib yuradigan cho‘l qabilalarining hammasini va ular bilan birga O‘z xalqim Yahudoni jazolayman. Chunki aslida, bu xalqlarning hammasi sunnatsiz, ularning yuragi sunnat qilinmagan.” Ey Isroil xalqi, Egamiz sizlarga aytayotgan so‘zlarga quloq soling. Egamiz shunday demoqda: “Boshqa xalqlarga taqlid qilmanglar, Boshqa xalqlar singari Osmondagi alomatlardan qo‘rqmanglar. Xalqlarning udumlari behuda! Ular o‘rmondan daraxt kesadi, Hunarmand boltasi bilan unga shakl berib, Kumushu oltin bilan bezatadi. Yiqilib ketmasin, deya mix bilan mahkamlaydi, Butlari polizdagi qo‘riqchilarga o‘xshaydi. Ular gapira olmaydi. Ularni ko‘tarib yurish kerak bo‘ladi, O‘zlari yura olmaydi. Ulardan qo‘rqmanglar, Ularning qo‘lidan hech qanday yomonlik kelmaydi, Yaxshilik ham qila olmaydi.” Ey Egamiz, Senga o‘xshashi yo‘q! Sen buyukdirsan, Sening noming ulug‘ va qudratlidir. Ey ellarning Shohi, Sendan qo‘rqmaydigan biror zot bormi?! Sen bunga loyiqdirsan. Xalqlarning donishmandlari orasida, Ularning shohlari orasida Senga o‘xshashi yo‘q. Ahli donishu shohlar ahmoq va befarosat. Ular betayin yog‘och butlaridan maslahat olishadi. Butlarini yasash uchun kumushni Tarshishdan, Oltinni Ufazdan keltirishadi. Butlarni hunarmandu zargarlar yasagan. Ko‘k va safsar liboslar bilan bezagan, Hammasi — mohir ustalarning ishidir. Ammo Egamiz haq Xudodir. U barhayot Xudo va abadiy Shohdir. G‘azablanganda yer silkinadi, Uning qahriga xalqlar dosh bermaydi. — Boshqa xalqlarga shunday deb ayt: “Bu xudolar yeru osmonni yaratmagan. Ular yer yuzidan va osmon ostidan yo‘q bo‘lib ketadi.” Egamiz qudrati ila yerni yaratdi, Donoligi ila dunyoni bunyod etdi, Idroki ila osmon gumbazini o‘rnatdi. Uning ovozidan osmondagi suvlar gulduraydi, U dunyoning to‘rt burchidan bulutlar olib keladi. Yomg‘ir yog‘dirishdan oldin momaqaldiroqni guldiratadi, Omborlaridagi shamollardan esdiradi. Uning oldida hamma odamlar ahmoq va nodondir. Zargarlar o‘z butlari tufayli sharmanda bo‘ladi, Ularning sanamlari jonsiz va soxtadir. Bu betayin butlar aldamchidir. Ularni jazolaganim zahoti yo‘q bo‘lishadi. Yoqubning Xudosi esa unday emas. Butun borliqni U yaratgan, Isroil qabilasini O‘ziga mulk qilgan. Uning nomi Sarvari Olamdir. Ey qurshovda yashaganlar! Bor–yo‘g‘ingizni yig‘ishtirib oling. Zero, Egamiz shunday demoqda: “Men sizlarni Isroil yurtidan uloqtirib tashlayman, Boshingizga kulfat yog‘diraman, Toki sizlar buni sezinglar.” Sho‘rim qurisin! Shunchalik azoblarga qoldim! Og‘ir yaralangan ekanman. Ammo o‘zimga o‘zim “Boshimda shu dard bor ekan, Unga chidashim kerak”, dedim. Chodirim yiqitilgan, iplari uzib tashlangan. Farzandlarim ketdi, ular yo‘q bo‘ldi. Endi chodirimni kim tikadi?! Chodirimning pardalarini kim osadi?! Axir, cho‘ponlar ahmoq, Ular Egamizdan maslahat olmadilar. Shuning uchun ham ishlari o‘ngidan kelmadi, Qo‘ylari har yoqqa tarqalib ketdi. Eshitinglar! Bir xabar kelmoqda! Ana, shimoldan shovqin–suron ko‘tarilmoqda! Lashkarlar Yahudo shaharlarini xarob qilar emish, Chiyabo‘rilar yashaydigan makonga aylantirar emish. Ey Egam, bilaman, Odam zoti o‘z taqdirini o‘zi belgilay olmaydi, O‘z qadamini o‘zi boshqara olmaydi. Ey Egam, meni jahl ustida jazolamagin. Adolating ila haq yo‘lga solgin, Aks holda meni yo‘q qilib yuborasan. Seni tan olmaydigan xalqlar ustiga qahringni soch, Senga sajda qilmaydigan ellar ustiga soch, Axir, ular Yoqub naslining boshini yedilar. Hammasini halok etib, yo‘q qildilar, Yurtini xarobazorga aylantirdilar. Yeremiyoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi: “Mening Isroil xalqi bilan tuzgan ahd shartlarimga quloq sol. Bularni Yahudo xalqi va Quddus aholisiga yetkaz. Ularga ayt: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Ushbu ahd shartlariga rioya qilmagan har bir odam la’nati bo‘lsin! Men ota–bobolaringizni Misrdan, o‘sha temir o‘choq ichidan olib chiqqan edim. Ularga, gaplarimga quloq solinglar, hamma amrlarimni bajaringlar, deb aytgan edim. Agar shunday qilsangiz, sizlar Mening xalqim, Men esa sizning Xudoyingiz bo‘laman, deb aytdim. Men ota–bobolaringizga bergan qasamimni bajarish uchun shu so‘zlarni aytgan edim. Mana, Men ularga va’da qilgan, sut va asal oqib yotgan yurtda sizlar yashab yuribsizlar.” “Omin, ey Egam, aytganing kelsin”, dedim men. Egamiz menga shunday dedi: “Aytadigan gaplarimning hammasini Yahudo shaharlarida va Quddus ko‘chalarida shunday deb e’lon qilgin: Ushbu ahdning shartlarini eshitinglar, ularga rioya qilinglar. Men ota–bobolaringizni Misrdan olib chiqqanimdan beri ularni ogohlantirib keldim. Ularga: “Mening gaplarimga quloq solinglar”, deb qayta–qayta aytdim. Ammo ular itoat qilmadilar, Menga quloq solmadilar. Aksini qilib, yovuz yuraklarining o‘jarliklarini bajardilar. Shuning uchun ahdda yozilgan hamma la’natlarni ularning boshiga soldim. Men ularga buyurgan ahdimning shartlarini bajarmaganlari uchun shunday qildim.” Egamiz menga dedi: “Yahudo xalqi va Quddus aholisi Menga qarshi fitna uyushtirishmoqda. Ular ota–bobolarining eski gunohlariga qaytishdi. Ota–bobolari singari gaplarimga quloq solmay, begona xudolarga ergashib, sajda qilishdi. Yahudo xalqi Isroil xalqiga taqlid qildi, Men ota–bobolari bilan tuzgan ahdimni ular buzishdi.” Shuning uchun Egamiz shunday deb aytmoqda: “Ularning boshlariga shunday kulfat keltiramanki, birontasi ham qutulib qololmaydi. Menga iltijo qilishsa ham, ularning iltijolariga quloq solmayman. O‘shanda Yahudo xalqi bilan Quddus aholisi xudolariga iltijo qilishadi. Ular bu xudolariga qurbonliklar keltirishar edi. Ammo kulfat kuni o‘sha xudolari ularni aslo qutqarolmaydi. Ey Yahudo xalqi, shaharlaringiz soni qancha bo‘lsa, xudolaringiz ham shunchadir. Quddusdagi ko‘chalar qancha ko‘p bo‘lsa, qurbongohlaringiz ham shunchadir. Sizlar bu qurbongohlarni jirkanch Baalga qurbonliklar keltirish uchun qurgandingizlar.” “Ey Yeremiyo, sen bu xalq uchun ibodat qilma. Ular uchun iltijo qilib yolvorma. Ularning boshlariga kulfat tushib, iltijo qilganlarida, Men ularga quloq solmayman. “Aziz xalqim shuncha jirkanch ishlar qildi. Endi uyimga kirishlariga nima haqlari bor?! Va’dalaru qurbonliklar bilan kulfatning oldini olib bo‘larmidi?! Axir, xalqim qabihliklar qilayotganda sevindi–ku!” Egamiz O‘z xalqini “Yaxshi meva beradigan, maftunkor yam–yashil zaytun daraxti”, deb atagan edi. Ammo endi Egamiz bo‘ronning dahshatli tovushi ostida daraxtga o‘t qo‘yadi, uning shox–shabbalari yonib ketadi. Bu daraxtni ekkan Sarvari Olamning O‘zi uni yo‘q qilishga amr berdi. Zero, Isroil va Yahudo xalqlari qabihliklar qildilar. Baalga qurbonliklar keltirib, Xudoni g‘azablantirdilar. Egamiz menga dushmanlarimning fitnasini ayon qildi. Egamiz ularning yovuz qilmishlarini ko‘rsatgani uchun, men bu haqda xabar topdim. Men bo‘g‘izlanishga olib ketilayotgan yuvosh qo‘ziday bo‘lgan ekanman. Dushmanlarim menga qarshi fitna uyushtirganlarini payqamagan ekanman. Ular shunday deb aytishgan edi: “Daraxt va uning mevalari kesilganday, Kelinglar, uni ham bu dunyodan daf qilaylik, Uning xotirasini o‘chiraylik!” Ey Sarvari Olam, Sen adolat bilan hukm qilasan, Insonning yuragini, xayollarini sinaysan. Dushmanlarimdan o‘ch olganingni ko‘ray, Da’voimni O‘zing hal qil! Shunda Egamiz menga shunday dedi: “Ey Yeremiyo, Onoto‘t aholisi senga: “Egamizning nomidan gapirma, bo‘lmasa o‘lasan”, deb aytib yurishibdi.” Ammo Men, Sarvari Olam, shunday demoqdaman: “Men ularni jazolayman! Yigitlari qilichdan o‘ladi. O‘g‘il–qizlari qahatchilikdan nobud bo‘ladi. Ularning birontasi omon qolmaydi. Belgilangan vaqtda Onoto‘t aholisining boshiga kulfat keltiraman.” Sen bilan da’volashganimda, ey Egam, Sen har doim haq bo‘lib chiqasan. Shunday bo‘lsa–da, Sen bilan yana gaplashmoqchiman, Adolat xususida savol bermoqchiman. Nechun fosiqlarning ishi yurishadi? Nechun munofiqlar rohatda yashaydi? Ularni Sen ekib undirding, Ular o‘sib hosilga kirdilar. Noming ularning og‘zidan tushmaydi, Ammo dillari Sendan uzoqdir. Lekin Sen, ey Egam, meni bilasan. Sen meni sinagansan, Dilim Senga moyil ekanini O‘zing ko‘rding. Endi yovlarimni bo‘g‘izlanadigan qo‘ylarday sudragin! Bo‘g‘izlashga tayyorlab, ajratib qo‘ygin! Oh, qachongacha yer qaqrab yotadi? Qachongacha hamma daladagi o‘tlar quriydi? Bu yerda yashaydigan fosiqlarning dastidan, Qushlaru hayvonlar nobud bo‘ldi. Bu odamlar: “Bizga nima bo‘lishini Yeremiyo qayerdan ham bilardi?!” deb aytishadi. Egamiz menga dedi: “Ey Yeremiyo, Sen odamlar bilan poyga qilib holdan toygan bo‘lsang, Qanday qilib otlar bilan poyga qilasan?! Faqat osoyishta yurtda o‘zingni bexatar sezsang, Iordan bo‘yidagi chakalakzorda nima qilasan?! Hatto qarindoshlaring ham sendan yuz o‘girdi, O‘z oilang senga xiyonat qildi. Ovozi boricha senga do‘q urdi. Ular senga shirin gapirishsa ham, Ularning so‘zlariga ishonma.” Egamiz shunday deb aytdi: “Men xonadonimni tark etdim, Mulk qilib olgan xalqimni rad etdim. Sevgan xalqimni dushmanlarining qo‘liga berdim. O‘z xalqim Menga O‘rmondagi sherday bo‘lib qoldi. U Menga qarab bo‘kirdi, Shuning uchun undan nafratlandim. O‘z xalqim Menga Olachipor kalxatday bo‘lib qoldi. Boshqa kalxatlar xalqimni o‘rab oldi! Boring, barcha yovvoyi hayvonlarni yig‘ing, Xalqimni g‘ajib tashlashsin. To‘da–to‘da cho‘ponlar uzumzorimni xarob qildilar, Dalamni ular payhon qildilar. Ha, go‘zal dalamni tashlandiq cho‘lga aylantirdilar. Ular yerimni xarob qildilar, Tashlandiq yerim ko‘z oldimda qaqrab yotibdi. Butun yurtim vayron bo‘ldi, Ammo bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Bosqinchilar sahrodagi Hamma yalang qirlarni egallab oldilar. Endi Mening qilichim butun yurtni vayron qiladi, U boshidan bu boshigacha hammani qirib tashlaydi. Bexatar yashayotgan bironta odam qolmaydi. Mening xalqim bug‘doy ekdi, Ammo tikan o‘rib oldi, Zo‘r berib ishladi, Ammo hech narsaga erishmadi. Qattiq qahrim hosilini nobud qildi. Ular hosilsiz qolib, sharmanda bo‘lishdi.” Egamiz shunday demoqda: “Men xalqimga Isroil yurtini mulk qilib bergan edim, ammo uning yovuz qo‘shnilari xalqimga hujum qilib, yurtimni talon–taroj qildilar. Men bu yovuz xalqlarni o‘z yurtlaridan sug‘urib tashlayman. Yahudo xalqini ularning iskanjasidan sug‘urib olaman. O‘sha yovuz xalqlarni sug‘urib tashlaganimdan keyin, ularga yana rahm–shafqat qilaman. Hammasini o‘z yurtlariga, o‘z mulklariga qaytarib olib kelaman. Ilgari bu xalqlar Isroil xalqiga Baal nomi bilan qasam ichishni o‘rgatgan edilar. Agar endi ular xalqim Isroilning yo‘lini astoydil o‘rgansalar, “Egamiz shohid” deya Mening nomim bilan qasam ichsalar, xalqim orasida o‘rnashib oladilar. Bordi–yu, bironta xalq Menga itoat etmasa, o‘sha xalqni tag–tomiri bilan qo‘porib tashlayman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz menga shunday dedi: “Bor, o‘zing uchun zig‘ir qiyiqcha sotib ol. Uni belingga bog‘la, ammo suvga tekkizma.” Egamizning amriga binoan men qiyiqcha sotib olib, belimga bog‘lab oldim. Keyin Egamiz menga shu so‘zini ayon qildi: “Sotib olgan belingdagi qiyiqchani qo‘lingga olginu Poro anhorining bo‘yiga tush. Qiyqchani qoyaning yoriq joyiga yashirib qo‘y.” Men Egamiz buyurganidek qildim. Qiyiqchani Poro anhorining bo‘yiga yashirib qo‘ydim. Oradan ancha kun o‘tgandan so‘ng, Egamiz menga shunday dedi: “Qani, Poro anhorining bo‘yiga bor, Mening amrimga binoan u yerda yashirib qo‘ygan qiyiqchani olib kel.” Shunda men borib, qiyiqchani o‘zim yashirib qo‘ygan joydan kovlab oldim. Ammo qiyiqcha chirib ketgan, hech narsaga yaramaydigan bo‘lib qolgan edi. Shunda Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi. Egamiz shunday demoqda: “Men Yahudo xalqining mag‘rurligini va Quddus aholisining takabburligini qiyiqcha kabi chiritaman. Bu fosiq xalq so‘zlarimni eshitishdan bosh tortdi, o‘jar yuragining xohishini bajardi. Begona xudolarga ergashdi, ularga xizmat qilib, sajda etdi. Ular o‘sha chirib ketgan qiyiqcha kabi, hech narsaga yaramaydigan bo‘ladilar. Qiyiqcha odamning beliga yopishib turgani kabi, Men jamiki Isroil va Yahudo xalqlarini O‘zimga yaqin tutar edim: Ular Mening xalqim bo‘lishadi, Menga shon–shuhrat, olqishlar va sharaf keltirishadi, deb shunday qilgan edim. Ammo ular quloq solmadilar.” Egamizning kalomi shudir. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz menga shunday dedi: “Yeremiyo, xalqqa ayt: Sharob meshlari sharob bilan to‘ldirilishi kerak. Bordi–yu, ular senga: “Sharob meshlari sharob bilan to‘ldirilishi kerakligini o‘zimiz ham bilamiz”, deb aytishsa, sen ularga shunday deb javob ber: “Egamiz demoqda: Men bu yurtdagi hamma odamlarni mast qilaman. Dovud taxtida o‘tirgan shohdan tortib, ruhoniylar, payg‘ambarlar va Quddusning butun aholisigacha — hammani mast qilaman. Men ularni bir–birlariga, ota–onalarni bolalariga qarshi qilib qo‘yaman. Ularni ayamay yo‘q qilib tashlayman, ularga achinmayman, rahm–shafqat qilmayman.” Egamizning kalomi shudir. Eshitinglar, quloq solinglar, Katta ketmanglar, Zotan, Egamiz gapirmoqda. Xudo ustingizga zulmat yubormasdan oldin, Qorong‘i qirlarda qoqilmasingizdan oldin, Egangiz Xudoni ulug‘lang. Aks holda siz kutayotgan yorug‘likni U zulmatga aylantiradi, Uni tim qorong‘i qiladi. Agar siz gaplarimga quloq solmasangiz, Mag‘rurligingiz uchun qalbim pinhon yig‘laydi. Men achchiq–achchiq ko‘z yosh to‘kaman, Axir, Egamizning qo‘ylari Asirlikka olib ketiladi. Egamiz menga dedi: “Shohga va ona malikaga shunday degin: Taxtdan tushinglar, Axir, chiroyli tojingiz Boshingizdan tushib ketdi. Nagav cho‘lidagi shaharlar berkitilgan, Darvozalarni ochadigan kimsa yo‘q. Yahudo xalqi asirlikka olib ketildi, Ha, butun xalq surgun qilindi.” Ey Quddus, shimoldan kelayotganlarga bir qara! Qani sening chiroyli qo‘ylaring? Qani senga topshirilgan suruving? Sen ittifoqdoshlaringga o‘zing ustozlik qilgan eding, Egamiz o‘shalarni boshingga chiqarganda, nima der ekansan? Shunda sen to‘lg‘oq tutgan ayolday bo‘lib qolasan–ku! Dard azobida qolib ketasan–ku! “Nega bular boshimga tushdi?” dersan. Sen ko‘p gunoh qilding, Etaging ko‘tarildi, xo‘rlanding. Habashistonlik terisining rangini o‘zgartira oladimi?! Qoplon terisidagi xollarini yo‘qota oladimi?! Shu singari sizlar ham yaxshilik qila olmaysizlar, Yomonlik qilishga odatlanib qolgansizlar! Garmsel somonni to‘zg‘itganday, Egamiz ham sizlarni sochib tashlaydi. Bu sizlarning qismatingizdir, Boshingizga yog‘iladigan kulfatingizdir. Sizlar Egamizni unutdingizlar, Soxta xudolarga inondingizlar. Xudo ko‘ylagingiz etagini baland ko‘taradi, Sharmandangizni chiqaradi. U ko‘rdi dalalarda, qirlarda Qilgan jirkanch ishlaringizni, Zino va shahvoniy qiyqiriqlaringizni. Ko‘rdi uyatsizlarcha qilgan fohishabozligingizni. Ey Quddus, holingga voy! Qachongacha bulg‘anib yurasan?! Yeremiyoga Egamizning qurg‘oqchilik haqidagi so‘zi ayon bo‘ldi: “ Yahudo aza tutmoqda, Shaharlari adoyi tamom bo‘ldi. Odamlar qayg‘uga botgan, Bag‘rlarini yerga berib yotibdi, Quddusdan faryod ko‘tarilmoqda. Asilzodalar xizmatkorlarini suvga yubordilar. Xizmatkorlar sardobalarga borgan edilar, Ammo suv topa olmadilar. Idishlari bo‘m–bo‘sh qaytib keldilar. Ular tushkunlikka tushdilar, Sharmanda bo‘lib qoldilar, Uyatdan yuzlarini berkitib oldilar. Yomg‘ir yog‘magani–chun yer yorilib ketdi, Dehqonlar umidsizlikka tushdi, Yuzlarini berkitib olishdi. Hatto cho‘ldagi ona ohu ham, O‘t–o‘lan bo‘lmagani uchun, Yangi tug‘ilgan ohuchalarini tashlab ketmoqda. Qulonlar yalang qirlarda turib, Chiyabo‘rilar kabi hansirayapti, O‘t yo‘qligidan qulonlarning ko‘zlari kirtayib qolgan.” Gunohlarimiz bizga qarshi guvohlik bersa–da, O‘z noming haqi–hurmati bizga rahm qil, ey Egam. Axir, biz Senga ko‘p xiyonat qildik, Senga qarshi gunoh ishlar qildik. Ey, Isroilning yolg‘iz umidi, Kulfat vaqtida Qutqaruvchisi! Nechun yurtimizda musofirga o‘xshaysan, Bir kechagina tunaydigan sayyohga o‘xshaysan? Nega sarosimaga tushgan odamga o‘xshaysan? Nega yordam bera olmaydigan jangchiga o‘xshaysan? Ey Egam, Sen bizning oramizdasan–ku! Biz Senikimiz. Bizni tark etma! Egamiz bu xalq haqida shunday demoqda: “Ular o‘zlarini sira tiya olmaydilar, Daydib yurishni haqiqatan yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun Men ulardan rozi emasman, Endi qabihliklarini yodga olaman, Gunohlari uchun ularni jazolayman.” So‘ng Egamiz menga shunday dedi: “Bu xalq uchun ibodat qilma. Ular ro‘za tutishsa ham, Men ularning iltijolariga quloq solmayman. Menga atab qurbonliklar kuydirishsa ham, don nazrlarini olib kelishsa ham qabul qilmayman. Aksincha, ularni qahatchilik, urush va o‘lat orqali qirib tashlayman.” Men esa shunday dedim: “Yo Egam Rabbiy, payg‘ambarlar bu xalqqa, urush va qahatchilik bo‘lmaydi, sizlar bu yurtda chinakamiga osoyishta hayot kechirasizlar, deb aytishmoqda–ku.” Egamiz menga shunday javob berdi: “Payg‘ambarlar Mening nomimdan yolg‘on gapirishmoqda. Men ularni yubormaganman, ularga gapirishni buyurmaganman. Ular sizlarga uydirmalarni o‘zlaricha bashorat qilishyapti, behuda fol ochib, xayollariga kelgan yolg‘onlarni gapirishyapti. O‘sha payg‘ambarlar Mening nomimdan gapirishsa ham, ularni Men jo‘natmaganman. Ular: “Yurtda urush va qahatchilik bo‘lmaydi”, deb aytayotgan ekanlar, ammo Men aytamanki, o‘sha payg‘ambarlar urush va qahatchilikdan nobud bo‘lishadi. Ularning gaplarini tinglayotgan odamlar ham urush va qahatchilikdan o‘ladi. Jasadlari Quddus ko‘chalarida yotadi. Ularning, xotinlarining, o‘g‘il–qizlarining jasadlarini ko‘madigan odam bo‘lmaydi. Qilgan qabihliklarini Men o‘zlarining boshlariga solaman.” Sen ularga shunday deb ayt: “Kechayu kunduz ko‘zlarimdan yosh oqyapti, O‘zimni to‘xtata olmayapman. Zero, bokira qizim — Mening xalqim, Qattiq zarba yedi, og‘ir yaralandi. Dalaga chiqaman, Evoh, ana, qilichdan halok bo‘lganlar yotibdi. Shaharga kiraman, Ana, ocharchilikdan o‘lganlar yotibdi. Payg‘ambaru ruhoniylar esa pul dardida yuribdilar, Odamlarga befoyda so‘zlar beryaptilar.” Ey Egamiz, nahotki Yahudoni butunlay rad etgan bo‘lsang?! Nahotki Quddusdan hazar qilsang?! Nechun bizni og‘ir yaralading? Shifo topa olmayapmiz–ku! Biz tinchlikni izladik, ammo yaxshilik kelmadi, Shifo topmoqchi edik, ammo vahimaga duchor bo‘ldik. Ey Egamiz, Senga qarshi gunoh qildik! Qabihliklarimizga iqror bo‘ldik, Ha, ota–bobolarimizning ayblarini tan olamiz. Noming haqi–hurmati bizni rad etma, Ulug‘vor taxting turgan joyni xor qilma. Biz bilan tuzgan ahdingni yodingda tut, O‘tinamiz, ahdingni buzma. Xalqlarning betayin butlari yomg‘ir yog‘dira olarmidi?! Yog‘ingarchilik osmonning xohishi bilan bo‘larmidi?! Bularni qilishga qodir Sen emasmi, ey Egamiz Xudo?! Biz umidimizni Senga bog‘laganmiz, Zotan bularning hammasini qila oladigan Sensan. Egamiz menga dedi: “Hatto Muso bilan Shomuil huzurimda turib, yolvorganda ham, Men bu xalqqa achinmagan bo‘lardim. Bu xalqni huzurimdan hayda! Yo‘qolishsin! Ular sendan “Qayerga boramiz?” deb so‘rashsa, ularga shunday deb ayt: Egamiz shunday demoqda: Hamma peshanasidagini ko‘rsin, Ba’zilar o‘latga yo‘liqib nobud bo‘lsin, Ba’zilar qilichdan o‘tkazilsin, Ba’zilar ochlikdan qirilib ketsin, Ba’zilar asirlikka tushib, surgunga ketsin. Egamiz demoqda: “Ularning boshiga to‘rt xil balo–ofatni keltiraman: ular qilichdan halok bo‘lishadi, jasadlarini itlar sudraydi, qushlar va yovvoyi hayvonlar ularni g‘ajib tashlaydi. Hizqiyo o‘g‘li Manashe Yahudo shohligi taxtida o‘tirib, Quddusda ko‘p qabihliklar qilgan edi. O‘sha qabihliklar tufayli dunyodagi barcha shohliklar xalqimdan hazar qiladigan bo‘ladi.” Egamiz shunday demoqda: “Ey Quddus, kim senga achinar ekan?! Kim sen uchun motam tutar ekan?! Birontasi senga kelib, Hol–ahvol so‘rarmikan?!” Egamiz shunday demoqda: “Sen Meni rad etding, Menga orqa o‘girding. Senga rahm qilaverib charchadim. Endi senga qarshi qo‘l ko‘taraman, Seni yo‘q qilib yuboraman. Men seni yurtning har bir shahrida Bug‘doyni sovurganday sovuraman. Seni farzandlaringdan judo qilaman. Ey xalqim, seni nobud etaman, Axir, sen o‘z yo‘lingdan qaytmading. Men bevalaringni dengiz qumidan ham ko‘p qilaman, Yigitlaringning onalariga qarshi Kuppa–kunduz kuni qirg‘in etuvchini jo‘nataman. To‘satdan boshlariga dahshat va azob–uqubat solaman. Yetti farzandning onasi holdan toyib, jon beradi. Uning quyoshi kunduz kuni botadi, U xo‘rlanib, sharmanda bo‘ladi. Omon qolganlari dushman qilichidan o‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. Sho‘rim qurisin! Nega onam meni dunyoga keltirgan ekan–a?! Men butun yurt bilan tortishib, janjallashyapman. Qarz olmagan, qarz bermagan bo‘lsam ham, hamma meni qarg‘amoqda. Egamiz shunday dedi: “Ey Quddus ahli, Men ayrimlaringizni omon qoldiraman, o‘shalarga yaxshiroq taqdir ato qilaman. Qolganingizning ustiga esa dushman tortib kelaman, boshingizga kulfatu og‘ir kunlar solaman. Ey Yahudo xalqi, siz bronza va temirni sindira olmaganingiz kabi, shimoldan sizga hujum qiladigan dushmanlarni ham sindira olmaysizlar.” “Sizlar yurtingizning hamma joyida ko‘p gunohlar qildingizlar. Shuning uchun boyliklaringiz va xazinalaringiz dushmanlarga tekin o‘lja bo‘ladi. O‘zingiz bilmagan yurtda dushmanlaringizga xizmat qilasizlar. Mening g‘azabim olovday sizlarni yamlamay yutadi”, deb aytmoqda Egamiz. Shunda men dedim: Ey Egam, Sen hammasini bilasan, Yodga ol meni, yordam bergin, Meni quvg‘in qilganlardan o‘ch olgin. G‘animlarimga sabr–toqat qilib, Tag‘in meni halok qilib yuborma. Seni deb xo‘rlanganimni esingdan chiqarma. Aytgan har bir so‘zingga tashna edim. So‘zlaringdan shodlanar edim, So‘zlaring dilimga quvonch bag‘ishlar edi. Zero, men Senga tegishliman, Ey Parvardigori Olam — Egamiz. Men xushchaqchaq ulfatlar davrasida o‘tirmadim, Ularning xursandchiligiga sherik bo‘lmadim. Qo‘ling ostida yolg‘iz o‘zim o‘tirar edim, Sen meni g‘azabga to‘ldirgan eding. Nega mening dardim zo‘rayyapti? Nega og‘ir yaram tuzalmayapti? Nahotki yozda qurigan buloq kabi Umidlarimni barbod qilsang?! Egamiz demoqda: “Agar tavba qilsang, seni yana xizmatimga olaman. Bo‘lmag‘ur gaplar o‘rniga to‘g‘ri so‘zlar gapirsang, Seni O‘zimning so‘zlovchim qilaman. Shunda sen ularning oldiga bormaysan, Ular sening oldingga kelishadi. Men seni bu xalq qarshisida Mustahkam bronza devorday qilaman. Ular senga hujum qilishadi, Lekin seni yenga olishmaydi. O‘zim sen bilan birga bo‘laman, Seni xalos qilib, qutqaraman. Ha, fosiqlar qo‘lidan xalos qilaman, Zolimlar changalidan ozod etaman.” Egamizning kalomi shudir. Egamizning quyidagi so‘zi menga ayon bo‘ldi: “Oila qurma, bu yurtda o‘g‘il–qizlaring bo‘lmasin. Bu yurtda tug‘ilgan o‘g‘il–qizlar haqida va ularni dunyoga keltirgan ota–onalar haqida Men, Egang, shunday deyapman: Ular og‘ir xastaliklardan halok bo‘lishadi. Ular uchun hech kim aza tutmaydi, jasadlarini ko‘madigan hech–kim bo‘lmaydi, jasadlari go‘ng kabi yer ustida yotaveradi. Ular qilichdan va qahatchilikdan halok bo‘lishadi, jasadlari qushlar va yovvoyi hayvonlarga yem bo‘ladi.” Zero, Egamiz shunday deb aytmoqda: “Azador uyga kirma, motam tutma, ta’ziya bildirma. Men bu xalqni tinchlik–xotirjamligimdan mahrum qildim. Men bu xalqni sevmayman, ularga mehr–shafqat ko‘rsatmayman. Bu yurtning kattayu kichigi o‘lib ketadi, ularni hech kim ko‘mmaydi. Hech kim ular uchun aza tutmaydi, qayg‘udan badanini tilmaydi, sochini oldirmaydi. Azadorlarga tasalli berish uchun hech kim ovqat olib chiqmaydi. Hech kim ota yoki onasidan judo bo‘lganlarga tasalli berish uchun bir kosa sharob uzatmaydi. Ziyofat bo‘layotgan uyga kirma, ular bilan o‘tirib, yeb–ichma.” Zero, Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Sening zamoningda shodu xurramlik sadolariga, kelin–kuyovning xursandchilik ovozlariga chek qo‘yaman. Buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. Aytganlarimning hammasini odamlarga gapirib berganingda, ular sendan shunday deb so‘raydilar: “Nega Egamiz bizga bunday kulfatlarni ravo ko‘ryapti? Aybimiz nima? Egamiz Xudoga qarshi nima gunoh qildik?” Sen ularga shunday javob ber: Egamiz aytmoqda: Ota–bobolaringiz Meni tark etdilar. Mendan yuz o‘girib, qonunlarimga rioya qilmadilar. Boshqa xudolarga ergashdilar, ularga xizmat qilib, sajda etdilar. Sizlarning gunohlaringiz esa ota–bobolaringiznikidan ham oshib tushdi. Mana, har biringiz yovuz yuragingizning o‘jarliklarini bajaryapsiz, Menga quloq solmayapsiz. Shuning uchun Men sizlarni bu yerdan boshqa bir yurtga uloqtirib yuboraman. U yurtni o‘zingiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmaydilar. U yerda sizlar kechayu kunduz boshqa xudolarga xizmat qilasizlar. Endi Men sizlarga rahm qilmayman.” Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, odamlar ont ichganda: “Isroil xalqini Misrdan olib chiqqan Egamiz shohid”, deb aytmaydigan bo‘ladi. Buning o‘rniga ular: “Isroil xalqini shimoldagi yurtdan va O‘zi surgun qilgan barcha boshqa yurtlardan olib chiqqan Egamiz shohid”, deb ont ichadigan bo‘lishadi. Men xalqimni O‘zim ota–bobolariga bergan yurtga qaytarib olib kelaman.” Egamiz shunday demoqda: “Mana, Men talay dushmanni yuboryapman. Ular xalqimni baliqchilar kabi tutib oladilar. U dushmanlar ketidan boshqalarni jo‘nataman, ular ovchilar kabi xalqimni har bir tog‘da, har bir tepalikda, qoyalarning jarliklarida ovlaydilar. Men xalqimning tutgan hamma yo‘llarini ko‘rib turibman. Ularning yovuz yo‘llari Mendan yashirin emas. Hamma gunohlari ko‘z o‘ngimda. Qilgan gunohlari va qilmishlari uchun xalqimga ikki barobar qilib qaytaraman. Zotan ular jonsiz, jirkanch xudolari bilan yurtimni harom qildilar, Mening mulkimni makruh butlarga to‘ldirdilar.” Ey Egam, mening qudratim, qo‘rg‘onimsan, Kulfat kunida panohimsan. Dunyoning to‘rt burchagidan xalqlar Sening oldingga kelib, aytadi: “Ajdodlarimizning soxta butlaridan bo‘lak hech narsasi yo‘q edi, Bu betayin butlaridan foyda bo‘lmagan edi. Inson o‘zi uchun xudolarni yasay oladimi?! Bunday xudolar haqiqiy Xudo emas–ku!” “Shunday ekan, ularga saboq beray, Kuch–qudratimni ularga ko‘rsatib qo‘yay. Shunda Egangiz Men ekanligimni bilib olishadi.” Ey Yahudo xalqi, sizlarning gunohingiz temir qalam bilan o‘yib yozilgan. Sizlarning gunohingiz tosh yuraklaringiz ustiga va qurbongohlaringiz shoxlariga olmos uchi bilan o‘yib bitilgan. Hatto farzandlaringiz ham baland qirlardagi va sersoya daraxtlar ostidagi qurbongohlarga borib, Asheraning ustunlariga sajda qilishadi. Butun yurtda qilgan gunohlaringiz evaziga Men O‘z tog‘imni, sizning hamma boyliklaringizni, xazinalaringizni va barcha sajdagohlaringizni dushmanga o‘lja qilib beraman. Sizlarga Men mulk qilib bergan yurtdan o‘z aybingiz tufayli ayrilasizlar. Men sizlarni o‘zingiz bilmagan bir yurtga jo‘nataman, dushmanlaringizga hammangizni qul qilib beraman. Sizlar Meni g‘azablantirdingiz, g‘azabim so‘nmas olov kabi yonmoqda. Egamiz shunday demoqda: “Umidini insonga bog‘lagan, Foniy bandaning kuchiga ishongan, Yuragi Egamizdan uzoqlashgan odam la’natidir. Bunday odam sahrodagi butaday bo‘ladi, Farovon hayot ko‘rmaydi. Cho‘lning qaqroq joylarida, Sho‘r bosgan bo‘m–bo‘sh yerlarda yashaydi.” “Egamizdan umid qilgan kishi baxtlidir, Yolg‘iz Unga inongan saodatlidir! Bunday kishi suv bo‘yiga o‘tqazilgan daraxtga o‘xshaydi, Oqar suvlar tomon ildiz otadi. Kunning jaziramasidan qo‘rqmaydi, Barglari doim yam–yashil bo‘ladi. Qurg‘oqchilik kelganda ham bezovta bo‘lmaydi, Meva berishdan to‘xtamaydi.” “Odamning yuragi shunchalik ayyor–ki, Uning davosi yo‘q! Uning ichidagini kim biladi?! Ammo Men, Egangiz, odamning yuragini bilaman, Uning o‘y–fikrlarini tekshiraman. Qilmishiga yarasha jazolayman, Qilgan ishiga yarasha taqdirlayman.” Nohaqlik bilan boylik orttirgan kishi, O‘zi qo‘ymagan tuxumlarni bosib yotgan kaklikka o‘xshaydi. Bunday kishi umrining yarmida Boyliklaridan mahrum bo‘ladi, Hayoti oxirlab qolganda ahmoq bo‘lib chiqadi. Muqaddas makonimiz Azaldan yuksaltirilgan ulug‘vor taxtdir! Ey Egamiz, Sen Isroilning yolg‘iz umidisan! Seni tark etganlarning hammasi sharmanda bo‘lur, Sendan yuz o‘girganlarning ismlari tuproqqa yozilur. Ey Egamiz, ular Seni tark etdilar. Ha, hayotbaxsh suvlar bulog‘idan voz kechdilar. Ey Egam, menga shifo ber, sog‘ayib ketay. Meni qutqargin, najot topay. Axir, yolg‘iz Seni olqishlayman. Qara, bu odamlar ustimdan kulishyapti, “Egamizning tahdidli so‘zlari qani?! Aytganlari bajo bo‘lsin–chi endi!” deb aytishyapti. Men esa xalqingga cho‘pon bo‘ldim, Xizmat qilishdan bosh tortmadim. Ofat kuni kelishini xohlamaganimni bilasan. Og‘zimdan chiqqan har bir so‘z Senga ayondir. Meni vahimaga solmagin, Kulfat kunida panohim Sensan. Meni quvg‘in qilganlar sharmanda bo‘lsin, Meni esa sharmanda qilma. Dushmanlarim sarosimaga tushsin, Meni esa dovdiratib qo‘yma. Ularning boshlariga kulfat keltir, Jazosini ikki barobar og‘irroq qilgin. Egamiz menga shunday dedi: — Yahudo shohlari kirib chiqadigan Xalq Darvozasi oldiga borib tur, so‘ng Quddusning boshqa darvozalari oldiga ham bor. Borganingda xalqqa shunday deb ayt: “Ey Yahudo shohlari, ey Yahudo xalqi, bu darvozadan o‘tib yurgan butun Quddus aholisi, Egamizning so‘zini eshitinglar! Egamiz shunday deb aytmoqda: Shabbat kuni yuk tashimanglar, Quddus darvozalaridan yukni ko‘tarib kirmanglar. Hushyor bo‘linglar, tag‘in hayotingizga o‘zingiz zomin bo‘lib qolmanglar. Shabbat kuni uyingizdan biron yukni ko‘tarib chiqmanglar, hech qanday ish qilmanglar. Men ota–bobolaringizga amr qilganimdek, Shabbat kunini muqaddas deb bilinglar. Ota–bobolaringiz gaplarimga e’tibor bermagan, Menga quloq solmagan edilar. Ular qaysarlik qilib, so‘zlarimni tinglamagandilar, gapimga kirmagandilar.” Endi Egamiz shunday demoqda: “Bordi–yu, sizlar gaplarimga quloq solsangizlar, Shabbat kuni shahar darvozalaridan yuk tashimasangizlar, o‘sha muborak kunni muqaddas deb bilib, hech qanday ish qilmasangizlar, Quddus taxtida doim Dovud naslidan bo‘lgan shoh o‘tiradi. Jang aravalariyu otlarni minib olgan shohlar va a’yonlar shahar darvozalaridan kirishadi. Yahudo xalqi va Quddus aholisi ular bilan birga kiradilar. Quddusdan to abad odam arimaydi. Shunda Yahudo shaharlaridan, Quddus atrofidagi qishloqlardan, Benyamin hududidan, qirlardan, g‘arbdagi qirlar etaklaridan, Nagav cho‘lidan odamlar keladi, ular Egamizning uyiga kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni, shukrona va don nazrlarini, xushbo‘y tutatqilarni olib keladilar. Bordi–yu, sizlar gapimga quloq solmasangizlar, Shabbat kunini muqaddas deb bilmay, yuk tashib, darvozalardan kirib chiqsangizlar, Men shahar darvozalarini yondirib yuboraman. Olov Quddus saroylarini yo‘q qiladi, hech kim uni o‘chira olmaydi. Egamiz Yeremiyoga shu so‘zini ayon qildi: “Qani bo‘l, kulolning uyiga bor. O‘sha yerda senga bir gap aytaman.” Men kulolning uyiga bordim. Kulol charx urib, ishlayotgan edi. U loydan yasayotgan idish buzilib qoldi, shundan keyin u o‘zi xohlagan shakldagi boshqa bir idishni yasadi. Egamiz O‘z so‘zini menga ayon qilib, dedi: “Ey Isroil xonadoni, nahotki bu kulol qilgan ishni Men sizlarga qila olmasam?! Sizlar Mening qo‘limda kulol qo‘lidagi loyga o‘xshaysizlar. Men biron xalqni yoki shohlikni qo‘porib tashlashimni, yo‘q qilib vayron qilishimni e’lon etishim mumkin. Ammo o‘sha xalq yovuz qilmishlaridan qaytsa, Men ham ularning boshlariga falokat keltirish niyatimdan qaytaman. Shunday paytlar ham bo‘ladiki, Men biron xalq yoki shohlikka: “Sizlarni qayta bunyod etib, mustahkam qilaman”, deb aytaman. Ammo o‘sha xalq Mening oldimda qabihlik qilsa yoki aytganlarimga quloq solmasa, Men niyatimdan qaytaman, ularga qilmoqchi bo‘lgan yaxshiligimni qilmayman.” Shunday ekan, Yahudo xalqi bilan Quddus aholisiga ayt: “Egamiz shunday demoqda: Mana, Men boshingizga soladigan kulfatni tayyorlayapman, sizlarga qarshi rejalar tuzyapman. Bo‘ldi endi, har biringiz yomon yo‘lingizdan qaytinglar. Turmush tarzingizni o‘zgartiringlar. Eski qilmishlaringizdan voz kechinglar.” Ammo ular: “Gapirganing befoyda!” — deyishadi. “Biz baribir xohlaganimizday yashaymiz, yovuz yuraklarimizning o‘jarliklarini qilaveramiz”, deb aytishadi. Shuning uchun Egamiz demoqda: “Xalqlardan so‘rab–surishtiring–chi, Bunaqasini hech eshitganmikan?! Bokira qiz Isroil jirkanch bir ish qildi. Lubnondagi qorlar hech eriganmi?! Azim cho‘qqilarni hech tark etganmi?! Uning muzdek suvlari hech ado bo‘lganmi?! Mening xalqim esa Meni tark etdi, Ular behuda butlarga tutatqi tutatdilar. Butlari tufayli xalqim qoqildi, Azaliy yo‘lidan adashdi. To‘g‘ri yo‘lni tark etib, so‘qmoqlardan yurib ketdi. Shu sababdan yurti huvullab qoladi, Yurtning ahvolidan odamlar qotib qoladi, O‘tgan–ketganlar dahshatga tushadi, “Yo tavba”, deb, yoqasini ushlashadi. Sharqdan esgan shamol kabi, Men ularni dushmanlari oldida sochib tashlayman. Boshlariga kulfat tushgan kuni Ularga orqa o‘giraman, Ularga nazar solmayman.” So‘ng odamlar shunday dedilar: “Qani, Yeremiyoga qarshi fitna uyushtiraylik. Axir, qonunni o‘rgatadigan ruhoniylar, maslahat beradigan donishmandlar va Xudoning so‘zini aytadigan payg‘ambarlar har doim bor. Yeremiyoga tuhmat qilaylik, uning gaplariga umuman e’tibor bermaydigan bo‘laylik.” Ey Egam, meni tingla, Raqiblarim gaplarini eshit! Nahotki yaxshilikka yomonlik qaytarishsa?! Esingdami, huzuringda turib, Ular uchun Senga yolvorgandim, Ulardan Sening qahringni qaytargandim. Ular esa menga chuqur qazidilar. Shunday ekan, bolalarini ochlikdan o‘ldir, Hammasini qilich izmiga topshir. Xotinlari bolalaridan judo bo‘lsin, Hammasi beva bo‘lib qolsin. Erkaklari o‘latdan qirilib ketsin, Yigitlari jangda halok bo‘lsin. To‘satdan ustiga bosqinchi yuborganingda, Uylaridan dod–faryodlar ko‘tarilsin! Axir, ular meni tutib olmoqchi bo‘lib, chuqur qazidilar, Oyog‘imni sirtmoqqa ilintirmoqchi bo‘ldilar. Meni o‘ldirish uchun fitna qildilar, Buni Sen bilasan, ey Egam. Ularning gunohlarini kechirma, Jinoyatlaridan o‘tma. G‘azablanib, jazolarini bergin, Ular Sening oldingda yiqilib qolsinlar. Egamiz menga shunday dedi: “Borib kuloldan bir sopol ko‘za sotib ol. So‘ng yoningga xalq oqsoqollaridan va bosh ruhoniylardan olib, Singan ko‘zalar darvozasi yaqinidagi Xinnum soyligiga tush. Men senga aytadigan so‘zlarni oqsoqollarga sen o‘sha yerda aytasan. Sen ularga shunday deb ayt: “Ey Yahudo shohlari, Quddus aholisi, Egamizning so‘zlarini eshitinglar. Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: Men bu joyga shunday falokat yog‘diramanki, bu falokatni eshitganlarning boshidan hushi uchadi. Zotan xalqim Meni tark etdi, bu yerni harom qildi. Ular o‘zlari bilmagan, ota–bobolari ham, Yahudo shohlari ham bilmagan begona xudolarga qurbonliklar kuydirdilar. Bu yerni begunoh odamlarning qoniga to‘ldirdilar. Baalga atab sajdagohlar qurdilar. U yerda o‘z o‘g‘il–qizlarini Baalga qurbonlik qilib kuydirdilar. Men ularga buni amr qilmaganman, bunaqasini xayolimga ham keltirmaganman.” Egamiz shunday demoqda: “Qarab turinglar! Shunday kunlar keladiki, odamlar bu joyni Tofat yoki Xinnum soyligi, deb atamaydi, balki bu joy “Qirg‘in vodiysi” deb ataladigan bo‘ladi. Mana shu joyda Men Yahudo va Quddusning rejalarini barbod qilaman. Xalqimni dushmanlarga mag‘lub qilib beraman, ularda qasdi borlarning qo‘liga topshiraman. Jasadlarini qushlarga, yovvoyi hayvonlarga yem qilaman. Men bu shaharni shunday vayron qilamanki, uning oldidan o‘tgan–ketgan har bir kishi shaharning ayanchli ahvolidan dahshatga tushib, qotib qoladi. Dushmanlar shaharni qamal qilib, odamlarni qirib tashlamoqchi bo‘ladilar. Qamal paytida azobda qolgan xalq o‘g‘il–qizlarining va bir–birining etini yeydigan bo‘ladi.” Ey Yeremiyo, o‘zing bilan kelganlarning oldida ko‘zani sindir. Ularga shunday deb ayt: “Sarvari Olam shunday demoqda: Mana bu ko‘za chilparchin bo‘lib, tuzatib bo‘lmaydigan ahvolga tushgani kabi, Men bu xalqni va bu shaharni chilparchin qilaman. O‘liklar Tofatda dafn qilinadi, o‘liklar ko‘pligidan qabrlarga joy yetmay qoladi.” Egamiz shunday demoqda: “Men bu shaharni va uning aholisini shunday ahvolga solamanki, bu shahar Tofatga o‘xshagan bo‘lib qoladi. Quddusdagi xonadonlar va Yahudo shohlarining saroylari Tofat kabi harom bo‘ladi. Chunki u yerlardagi hamma uylarning tomlarida samoviy jismlarga atab qurbonliklar kuydirilgan, begona xudolarga sharob nazrlari keltirilgan.” Yeremiyo Egamizning amri bilan Tofatda bashorat qildi, so‘ng u yerdan qaytib kelgach, Egamizning uyi hovlisida turib xalqqa dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: Endi Men aytgan so‘zimga binoan bu shahar va uning atrofidagi qishloqlarga falokat keltiraman, chunki sizlar o‘jarlik qilib, so‘zlarimni eshitishni xohlamadingizlar.” Immar o‘g‘li Pashxur ruhoniy bo‘lib, Egamiz uyining bosh nazoratchisi edi. U Yeremiyoning bashorat qilib aytgan bu so‘zlarini eshitdi. Shu sababdan Yeremiyoni kaltaklatib, Egamiz uyining hovlisidagi Yuqori Benyamin darvozasi tomonda kishanlab qo‘yishni buyurdi. Ertasi kuni ertalab Pashxur Yeremiyoning kishanlarini yechganda, Yeremiyo unga shunday dedi: “Egamiz senga Pashxur emas, “Dahshat qamragan”, deb ism qo‘ygan. Zero, Egamiz shunday deb aytmoqda: “Men seni va hamma do‘stlaringni vahimaga solaman. Do‘stlaring dushmanlari qo‘lida halok bo‘layotganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. Men butun Yahudo xalqini Bobil shohining qo‘liga topshiraman. Bobil shohi xalqimni asir qilib, o‘zining yurtiga olib ketadi. Ularni qilichdan o‘tkazadi. Men bu shaharning boyliklarini, bor narsasini, qimmatbaho buyumlarini, Yahudo shohlarining xazinalarini dushmanning qo‘liga beraman. Ular shaharni talon–taroj qilishadi. Barcha boyliklarini Bobilga olib ketishadi. Sen ham, ey Pashxur, o‘z xonadoning bilan Bobilga surgun bo‘lasan. Sen u yerda jon berib, dafn qilinasan. Yolg‘on bashoratlaringga quloq solgan do‘stlaring ham o‘sha ko‘yga tushadi.” Ey Egam, sen meni ko‘ndirding, Men ham ko‘ndim. Mendan ustun kelding, meni yengding. Men hammaga mazax bo‘ldim, Hamma ustimdan kulmoqda. Gapirganimda jar solishim kerak, “Zo‘ravonlik! Halokat!” deya baqirishim kerak. Sening so‘zing tufayli hammaga kulgi bo‘ldim, Kun bo‘yi meni masxara qilishyapti. Bordi–yu, men: “Bo‘ldi, Egam haqida so‘zlamayman, Uning nomidan gapirmayman” desam, Sening so‘zing olov kabi ichimni yondiradi, O‘t qo‘yganday suyaklarimni zirqiratadi. So‘zingni ichimda saqlab turishdan charchadim, Ha, uni boshqa ushlab tura olmayman. Eshityapman, ko‘pchilik g‘iybat qilyapti. Atrofimni dahshat qamragan! “Fosh bo‘lsin! Uni fosh qilaylik!” deb aytyaptilar. Hatto mening yaqin do‘stlarim ham Qoqinishimni poylab turibdilar, “Yeremiyo tuzoqqa tushadi, Shunda uni yengamiz, Undan qasdimizni olamiz”, deyaptilar. Ammo Egam men bilan birgadir, U bahodir jangchiga o‘xshaydi. Meni quvg‘in qilganlar qoqilib tushadi, Ular mendan ustun kelolmaydi. Isnodga qoladi, muvaffaqiyatga erisholmaydi. Ular to abad dog‘da qoladi, Sharmandagarchiligi hech qachon unutilmaydi. Ey Sarvari Olam, sen solih kishini sinaysan, Odamning dilini, o‘y–xayolini bilasan. Dushmanlarimdan o‘ch olganingni ko‘rayin, Axir, da’voimni Senga topshirdim! Egamizga qo‘shiq kuylanglar! Egamizga hamdu sanolar aytinglar! Zero, U bechora bandaning jonini Badkirdorlar qo‘lidan qutqardi. Evoh, tug‘ilgan kunim qurib ketsin! Onam meni tuqqan kun xosiyatsiz bo‘lsin! Otamga xabar olib kelgan odam la’nati bo‘lsin, “O‘g‘il ko‘rding!” deya, uni xursand qilgan qurib ketsin. Egamiz shafqatsizlarcha vayron qilgan Ko‘hna shaharlarday bo‘lsin o‘sha odam. U ertalabdanoq dodu faryodlar eshitsin, Kunduz kuni urush na’ralarini eshitsin. Axir, u meni onamning qornidayoq o‘ldirmadi. Shunda onamning qorni qabrim bo‘lgan bo‘lardi, Onam to abad homilador bo‘lib qolgan bo‘lardi. Nimaga ham tug‘ildim ekan–a?! Mashaqqatu qiyinchilik ko‘rish uchunmi?! Umrimni sharmandalikda xazon qilish uchunmi?! Shoh Zidqiyo Yeremiyo payg‘ambarning oldiga Malkiyo o‘g‘li Peshxur va Masiyo o‘g‘li ruhoniy Zafaniyoni yubordi. Shunda Egamiz O‘z so‘zini Yeremiyoga ayon qildi. Peshxur bilan Zafaniyo Yeremiyoga shunday dedilar: “O‘tinamiz, biz uchun Egamizga yolvor, chunki Bobil shohi Navuxadnazar bizga hujum qilyapti. Balki Egamiz avvalgidek mo‘jizalar ko‘rsatib, Navuxadnazarni orqaga chekintirar.” Yeremiyo ularga shunday deb javob berdi: “Borib, Zidqiyoga Isroil xalqining Xudosi — Egamizning so‘zlarini aytinglar: Sizlar qo‘lingizga qurol olib, sizlarni qamal qilgan Bobil shohiga va Bobilliklarga qarshi jang qilyapsizlar. Ammo qo‘lingizdagi qurollaringizni Men Bobilliklarga emas, balki o‘zlaringizga qarshi ishlataman. Mana shu shahar markazida qurollaringizni uyib tashlayman. Men O‘zim sizlarga qarshi chiqaman. O‘z qudratu ajoyibotlarim bilan, qahru g‘azabim bilan sizlarga qarshi jang qilaman. Bu shahar aholisini yo‘q qilaman. Odamlaru hayvonlar o‘latdan nobud bo‘ladilar.” Egamiz shunday demoqda: “Shundan keyin Men Yahudo shohi Zidqiyoni, uning a’yonlarini, shaharda urushdan, qahatchilikdan va o‘latdan omon qolgan hamma odamlarni Bobil shohi Navuxadnazarning qo‘liga beraman. Ularda qasdi borlarga topshiraman, dushman qo‘liga beraman. Dushmanlar shahar aholisini shafqatsizlarcha qirib tashlaydilar. Bironta odamning ham qonidan kechmaydilar, ularga achinmaydilar, rahm qilmaydilar.” “Sen bu xalqqa shunday deb ayt: Egamiz demoqda: Men sizlarga ikkita yo‘lni — hayot va o‘lim yo‘lini berdim. Shaharda qolganlar qilich, qahatchilik va o‘latdan nobud bo‘ladilar. Shahardan chiqib, Bobilliklarga taslim bo‘lganlar esa tirik qoladilar. Bu odamlar hech bo‘lmasa o‘z jonlarini saqlab qoladilar. Men bu shaharga yaxshilik emas, kulfat keltirishga qaror qildim. Bu shaharni Bobil shohiga taslim qilib beraman. Navuxadnazar shaharga o‘t qo‘yadi.” Egamizning kalomi shudir. “Yahudo shohining xonadoniga shunday deb ayt: Egamizning so‘zini eshitinglar, ey Dovud sulolasi! Egamiz shunday demoqda: Har kuni ertalabdan adolat qilinglar, Jabrdiydalarni zo‘ravonlar qo‘lidan qutqaringlar. Aks holda qilgan yovuzliklaringiz tufayli Mening g‘azabim alanga oladi, U g‘azabimni so‘ndirishga hech kimning qurbi yetmaydi.” Egamiz shunday demoqda: “Ey, vodiydagi qoya ustida qurilgan Quddus, Men senga qarshiman! Sizlar aytasiz: “Kim ham bizga qarshi chiqa olardi?! Kim ham qo‘rg‘onlarimizga kira olardi?!” Men qilmishingizga yarasha jazoingizni beraman. Shohning saroyiga o‘t qo‘yaman, Olov atrofdagi hamma narsani yondiradi.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz menga shunday dedi: “ Yahudo shohi saroyiga borib, quyidagi gaplarimni ayt: Ey, Dovud taxtida o‘tirgan Yahudo shohi, eshit. A’yonlaring va mana bu saroyga kirgan odamlaring ham sen bilan birga Egamizning so‘zini eshitsin. Egamiz shunday demoqda: Adolat va to‘g‘rilik bilan ish tuting. Jabrdiydalarni zo‘ravonlarning qo‘lidan qutqaring. Musofirlarga, yetim va bevalarga nohaqlik qilmang, ularni ezmang. Bu yerda begunoh odamning qonini to‘kmang. Bordi–yu, sizlar haqiqatan ham bularga rioya qilsangizlar, Quddus taxtida doim Dovud naslidan bo‘lgan shoh o‘tiradi. Jang aravalariyu otlar mingan shohlar saroy darvozalaridan kirishadi. A’yonlar va xalq ham ular bilan birga kiradi. Bordi–yu, bu amrlarimga rioya qilmasangizlar, Men O‘zimning nomim haqi ont ichib aytamanki, bu saroy vayron bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz Yahudo shohining saroyi haqida shunday demoqda: “Sen Men uchun go‘zal Gilad yurtiga o‘xshaysan, Bamisoli Lubnonning yuksak cho‘qqilarisan. Lekin qasam ichib aytamanki, sen sahroga o‘xshab qolasan, Huvullagan bir shaharga aylanib qolasan. Senga qarshi bosqinchilarni jo‘nataman, Qurollangan odamlarni yuboraman. Ular sara sadrlaringni kesadilar, Yog‘ochlaringni olovga tashlaydilar. Ko‘plab xalqlar bu shahar oldidan o‘tayotib, bir–birlaridan: “Nega Egamiz bunday buyuk shaharni shu ko‘yga solgan ekan–a?” deb so‘raydilar. Ularga shunday javob berishadi: “Shahar aholisi o‘zlarining Egasi Xudo bilan tuzgan ahdini buzdi. Boshqa xudolarga sajda qilib, xizmat qiladigan bo‘ldi.” O‘lgan shohingiz uchun yig‘lamang, U uchun aza tutmang. Undan ko‘ra surgun bo‘lgan shahzodangiz uchun qayg‘uring, U uchun achchiq–achchiq ko‘z yosh to‘king. Axir, u endi qaytib kelmaydi, Ona yurtini boshqa ko‘rmaydi. Shoh Yo‘shiyodan keyin Yahudo taxtiga Yo‘shiyoning o‘g‘li Yohuxoz o‘tirgan edi. Shoh Yohuxoz surgun qilingandan keyin Egamiz u haqda shunday dedi: “U bu yerga hech qachon qaytib kelmaydi. Surgun qilingan yerda olamdan o‘tadi, bu yurtni boshqa ko‘rmaydi.” “Uyini nohaqlik bilan qurganning holiga voy! Yuqori xonalarini adolatsizlik bilan bino qilganning holiga voy! Bunday odam birodarini tekinga ishlatadi, Uning mehnat haqini bermaydi. U shunday deydi: “Mana, o‘zim uchun katta saroy qurdim, Yuqori qavatdagi xonalarni keng qildirdim.” U uyiga katta oynalar qo‘ydirmoqda, Devorlarini sadr yog‘ochi bilan qoplamoqda, Ularni qirmizi rangga bo‘yamoqda. Sen o‘zing uchun ko‘p sadr yog‘ochini yig‘ding, Bu bilan sen yaxshi shoh bo‘lib qolmading! Sening otang ham xohlaganicha yeb–ichgan, Ammo doim haqiqatu adolatni o‘rnatgan. Shu sababdan uning ishi yurishgan. U faqiru bechorani himoya qilgan, Shuning uchun farovon hayot kechirgan. Xudoni bilish degani shu emasmi?!” Egamizning kalomi shudir. “Sen esa faqat nohaq foydani ko‘zlaysan. Begunoh odamning qonini to‘kasan, Zo‘ravonlik va zulm o‘tkazasan.” Shu sababdan Yo‘shiyo o‘g‘li Yahudo shohi Yohayiqim haqida Egamiz shunday demoqda: “Uning uchun hech kim aza tutmaydi, “Voy, jigarim! Voy, jigarim!” deya yig‘lamaydi. “Xo‘jayinim! Olampanohim!” deya hech kim kayg‘urmaydi. Uni o‘lgan eshakning ahvoliga soladilar, Quddus darvozalaridan sudrab chiqib, otib yuboradilar. Ey Quddus, Lubnonga chiqib faryod qilgin, Bashan o‘lkasiga borib, xitob etgin. Aborim tog‘larida turib, ovozing boricha baqirgin, Chunki hamma o‘ynashlaring yo‘q bo‘ldi. Farog‘atda yashaganingda, senga gapirdim, Sen esa “Gapingga quloq solmayman!” deb aytding. Ha, yoshligingdan shu yo‘lni tutgansan, Gapimga sen kirmagansan. Shamol hamma cho‘ponlaringni supurib ketadi, O‘ynashlaring surgun bo‘ladi. Sen esa qabih ishlaring tufayli uyatda qolasan, Sharmandayi sharmisor bo‘lasan. Sen “Lubnon” saroyida yashab yuribsan, Sadr daraxtlari orasida in qurgansan, Ammo tug‘ayotgan ayol kabi dard chekasan, Azobdan ingraysan. Yohayiqim o‘g‘li Yohayixin haqida Egamiz shunday demoqda: “Ey Yahudo shohi Yohayixin, bordi–yu, sen Mening o‘ng qo‘limdagi muhr uzugim bo‘lganingda edi, Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, seni uloqtirib tashlagan bo‘lar edim. Sen kimdan qo‘rqsang, seni o‘shaning qo‘liga beraman, senda qasdi borlarning qo‘liga topshiraman. Seni shoh Navuxadnazarning va Bobilliklarning qo‘liga beraman. Seni va seni tuqqan onangni begona bir yurtga, kindik qoning to‘kilmagan bir yerga uloqtirib yuboraman. Sizlar o‘sha yerda o‘lasizlar. Sizlar bu yurtga qaytib kelishni orzu qilasizlar, ammo qaytib kelmaysizlar.” Yohayixin tashlab yuboriladigan siniq xumday bo‘lib qoladi, Hech kimga kerak bo‘lmaydigan sopol idishga o‘xshab qoladi. U bolalari bilan surgun bo‘ladi! O‘zi bilmagan yurtga uloqtirib tashlanadi! Ey yurt, yurt, yurt! Egamizning so‘zini eshit! Egamiz shunday demoqda: “Bu odamning farzandlarini nasabnomaga kiritmang, Uni hayotda omadi yo‘q, deb qayd qiling. Uning zurriyotidan birortasi muvaffaqiyat qozonmas, Birortasi Dovud taxtiga chiqa olmas. Yahudoda ular hech qachon hukmronlik qilmaydilar.” Egamiz shunday demoqda: “Cho‘ponlar yaylovimdagi qo‘ylarni tarqatib yuboryaptilar, ularni yo‘q qilyaptilar. Bunday cho‘ponlarning holiga voy!” Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Ey xalqimni boqqan cho‘ponlar, sizlar qo‘ylarimni o‘z holiga tashlab qo‘ydingizlar. Ularni tarqatib, uzoqlarga qochirib yubordingizlar. Bu qilgan yovuz qilmishingiz uchun Men sizlarni o‘z holingizga qo‘ymay jazolayman.” Egamizning kalomi shudir. “Men qo‘ylarimni har xil yurtlarga haydab yuborgan edim. Endi O‘zim ularni yig‘ib olaman, o‘zlarining yayloviga olib kelaman. Ular barakali bo‘lib, ko‘payadilar. Men ular ustidan boshqa cho‘ponlarni tayinlayman. Cho‘ponlar qo‘ylarimni boqadilar. Shunda qo‘ylarim hech narsadan qo‘rqmaydi, sarosimaga tushmaydi. Ularning birontasi ham yo‘qolmaydi”, deb aytmoqda Egamiz. Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Dovud naslidan solih bir novdani chiqaraman. Bu Shoh donolik bilan hukmronlik qiladi. Adolat va to‘g‘rilik bilan ish tutadi. Uning hukmronligi davrida Yahudo xalqi bexatar yashaydi, Isroil xalqi osoyishta hayot kechiradi. O‘sha Shohni “Egamiz najotkorimizdir”, deb atashadi.” Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, odamlar ont ichganda: ‘Isroil xalqini Misrdan olib chiqqan Egamiz shohid’, deb aytmaydigan bo‘ladi. Buning o‘rniga ular: ‘Isroil naslini shimoldagi yurtdan va surgun qilingan barcha boshqa yurtlardan olib chiqqan Egamiz shohid’, deb ont ichadigan bo‘ladi. Ular o‘z yurtlarida yashashadi.” Payg‘ambarlar haqida: Yurak–bag‘rim ezilib ketdi, Vujudim titrab ketmoqda. Egamiz tufayli, Uning aytgan muqaddas so‘zi tufayli Men mast odamga o‘xshab qoldim, Sharobga bo‘kkan kishiday bo‘lib qoldim. Evoh, yurt zinokorlarga to‘lib ketdi, La’nat tufayli yer qaqrab qoldi, Dashtdagi yaylovlar qurib yotibdi. Payg‘ambarlar qabihlik qilishga shoshiladi, Kuchini haqsizlik yo‘lida ishlatishadi. Egamiz shunday demoqda: “Payg‘ambaru ruhoniylar betavfiqdirlar, Hatto Mening uyimda ham qabihlik qilganlarini ko‘rdim.” “Shu sababdan yurgan yo‘llari sirpanchiq bo‘ladi, Ular zulmatga g‘arq bo‘lishadi. Hammasi yiqilib qoladi. Jazo oladigan yili, Boshlariga kulfat keltiraman”, deb aytmoqda Egamiz. “ Samariya payg‘ambarlari orasida Jirkanch bir ishni ko‘rdim: Ular Baal nomidan bashorat qilishdi, Xalqimni yo‘ldan ozdirishdi. Ammo Quddus payg‘ambarlari orasida Bundan ham battarog‘ini ko‘rdim: Ular zino qilib, yolg‘on ichida yashashadi, Yovuzlarning ishini qo‘llab turishadi, Shuning uchun hech kim yomon yo‘lidan qaytmayapti. Nazarimda ularning hammasi Sado‘m odamlariday bo‘lib qolgan, Quddus aholisi G‘amo‘ra aholisiga o‘xshab qolgan.” Sarvari Olam payg‘ambarlar haqida shunday demoqda: “Men ularga achchiq o‘tdan yediraman, Zaharli suvdan ichiraman, Zero, Quddus payg‘ambarlari tufayli Yurtimda betavfiqlar ko‘payib ketdi.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Sizlarga bashorat qilayotgan payg‘ambarlarning gaplariga quloq solmanglar. Ular qo‘yningizni puch yong‘oqqa to‘ldiryapti. Ular Mening og‘zimdan chiqqan so‘zlarni emas, o‘z dil orzularini aytishyapti. Egangizning so‘zidan nafratlangan odamlarga ular hadeb “Hammasi yaxshi bo‘ladi” deyishadi. Yuragidagi o‘jarliklarni bajarganlarga “Boshingizga balo–qazo yetmaydi”, deyishadi.” Xo‘sh, Egamizning kengashida ulardan qaysi biri qatnashibdi?! Xudoning so‘zini qaysi biri eshitibdi?! Qaysi biri e’tibor bilan Uni tinglabdi?! Ana, bo‘ron ko‘tarildi! Bu Egamizning g‘azabidir. Uning g‘azabi quyun girdobi bo‘lib, Fosiqlarning boshiga tushdi. Egamiz ko‘nglidagi niyatini bajarmaguncha, Uni oxirigacha yetkazmaguncha, G‘azabidan tushmaydi. Keyinchalik buni anglab olasizlar. Egamiz shunday dedi: “Bu payg‘ambarlarni Men yubormadim, Ular o‘zlari yugurib bordilar. Ularga Men gapirmadim, Ular esa bashorat qildilar. Agar o‘sha payg‘ambarlar kengashimda bo‘lganlarida edi, So‘zlarimni xalqimga yetkazgan bo‘lardilar. Xalqimni yomon yo‘ldan, Yovuz qilmishlardan qaytargan bo‘lardilar.” Egamiz shunday demoqda: “Men hamma yoqdaman — yaqinda ham, uzoqda ham o‘sha Xudoman.” “Kim Mendan yashirina oladi?! Yeru ko‘kni to‘ldirib turgan Men emasmi?!” deb aytmoqda Egamiz. “Mening nomimdan yolg‘on bashorat qilgan payg‘ambarlarning: “Men bir tush ko‘rdim! Xudo menga bir tush berdi!” deganlarini eshitdim. Qachongacha bu davom etadi?! Ular yuraklaridagi hiylayu nayranglarini, yolg‘on bashoratlarini bas qilishadimi, yo‘qmi?! Ularning ota–bobolari Meni unutib, Baalga sajda qilgan edilar. Shu singari bu soxta payg‘ambarlar “Xalq Egamizni unutsin”, deya bir–birlariga tushlarini aytishadi.” Egamiz shunday demoqda: “Mayli, tush ko‘rgan payg‘ambar tushini aytsin, so‘zimni eshitgan esa uni sadoqat bilan e’lon qilsin. Axir, somon bilan bug‘doyning farqi bor–ku!” Egamiz shunday demoqda: “Mening so‘zim olovday kuydiradi. Qoyani yoradigan bolg‘aday zarba beradi.” Egamiz demoqda: “Bu payg‘ambarlar “Egamizning so‘zi” deb bir–biridan gap o‘g‘irlaydi. Men ularga qarshiman.” “Ha, Men o‘sha payg‘ambarlarga qarshiman”, — deb aytmoqda Egamiz. “Ular o‘zlaricha valdirab yuradilar, yana “bu Egamizning so‘zlari”, deb aytadilar. Uydirma tushlarini aytgan payg‘ambarlarga qarshiman! Ular yolg‘onlariyu telbaligi bilan xalqimni yo‘ldan ozdirishmoqda. Ularni Men tayinlamaganman, xalqimning oldiga Men yubormaganman. Xalqimga ularning zarracha ham foydasi yo‘q.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz menga dedi: “Ey Yeremiyo, agar xalqimdan bo‘lgan birorta odam, payg‘ambar yoki ruhoniy sendan: “Bu safar Egamiz bizga nima yuklamoqchi?” deb so‘rasa, sen shunday deb javob ber: “Sizlar o‘zlaringiz Egamizga yuk bo‘ldingizlar. Endi U sizlarni uloqtirib tashlaydi.” Bordi–yu, biron odam, payg‘ambar yoki ruhoniy: “Egamizning so‘zi bizga yuk bo‘ldi”, deb aytadigan bo‘lsa, Men unday odamni butun xonadoni bilan jazolayman. Sizlar bir–biringizdan: “Egamiz nima deb javob berdi?” yoki “Egamiz nima deb aytdi?” deb so‘ranglar. Ammo “Egamiz bizga nima yuklamoqchi?” deya boshqa so‘ramanglar. Zero, odamlar bu iborani ishlatib, o‘z so‘zlarini ishonarli qilmoqchi bo‘ladilar, barhayot Xudo, Sarvari Olam — Xudoyimizning so‘zlarini buzib aytadilar. Sizlar esa payg‘ambarning oldiga borganingizda, undan: “Egamiz sizga nima javob berdi?” yoki “Egamiz sizga nima dedi?”, deb so‘ranglar. Bordi–yu, sizlar gapimga kirmay, “Egamiz bizga nima yuklamoqchi?” deb yana so‘rasangizlar, Men sizlarni yuk ko‘targanday ko‘tarib, O‘z huzurimdan uloqtirib tashlayman. Ota–bobolaringizga O‘zim bergan shaharni ham shu ko‘yga solaman. Abadiy isnod va sharmandalikka duchor qilaman. Bunday sharmandalikni unutib bo‘lmaydi.” Egamiz menga Ma’bad oldida turgan ikki savat anjirni ko‘rsatdi. Bu voqea Bobil shohi Navuxadnazar Quddusdagi Yahudo shohi Yohayixinni, Yahudo a’yonlarini, hunarmandlaru temirchilarni Bobilga asir qilib olib ketgandan so‘ng sodir bo‘ldi. Shoh Yohayixin Yohayiqimning o‘g‘li edi. Men ko‘rgan savatlarning birida yaxshi chillaki anjirlar, boshqasida esa yomon, yeb bo‘lmaydigan anjirlar bor edi. Egamiz mendan: — Yeremiyo, nimani ko‘ryapsan? — deb so‘radi. — Anjirlarni, — deb javob berdim men. — Yaxshi anjirlar nihoyatda yaxshi ekan, yomonlari esa yeb bo‘lmaydigan darajada irib ketgan ekan. Shunda Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Bobilliklarning yurtiga surgun bo‘lgan Yahudo asirlari o‘sha yaxshi anjirlarga o‘xshaydi. Men ularga iltifot ko‘rsataman. Nazarimni solib, yaxshilik qilaman, ularni bu yurtga qaytarib olib kelaman. Ularni yo‘q qilmayman, balki qayta bunyod etaman. Qo‘porib tashlamayman, balki barqaror qilaman. Qalblariga Meni bilish istagini solaman, ular Meni, Egamiz, deb tan oladilar. Butun qalblari bilan Menga qaytadilar. Ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman.” Ammo Yahudo shohi Zidqiyo to‘g‘risida, uning a’yonlari, Quddusning omon qolgan aholisi va Misrga qochib borganlari to‘g‘risida Egamiz shunday demoqda: “Ular yeb bo‘lmaydigan anjirlarga o‘xshaydi. Irigan anjirlarni nima qilishsa, Men ham ularni shunday qilaman. Ularning boshiga shunday kulfat solamanki, buni ko‘rgan yer yuzidagi barcha xalqlar dahshatga tushadi. Men ularni tarqatib yuborgan hamma joyda odamlar ularning ustidan kuladi, ularni mazax qiladi, xor qiladi, nomini qarg‘ishlarda ishlatadi. Men ularga va ota–bobolariga bergan yurtdan ularni qirib tashlamagunimcha boshlariga urush, ocharchilik va o‘lat yuboraman. Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim hukmronligining to‘rtinchi yilida Yeremiyoga Yahudo xalqi to‘g‘risida Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi. Bobil taxtiga xuddi o‘sha yili Navuxadnazar o‘tirgan edi. Payg‘ambar Yeremiyo Yahudo xalqi va Quddus aholisiga shunday dedi: “Omon o‘g‘li Yo‘shiyo Yahudoda hukmronlik qilgan davrning o‘n uchinchi yilidan tortib to bugunga qadar Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qilib kelmoqda. Mana, yigirma uch yildirki, men sizlarga to‘xtovsiz gapiryapman, ammo sizlar gaplarimga quloq solmayapsizlar. Egamiz oldingizga payg‘ambar qullarini birin–ketin yuborgan bo‘lsa ham, sizlar ularning gaplarini eshitmadingiz, ularga quloq solmadingiz. Ular sizlarga aytishgan edi: “Qabih ishlaringizni bas qilinglar. Yomon yo‘ldan qaytinglar. Shunda Egamiz sizlarga va ota–bobolaringizga abadiy mulk qilib bergan yurtda qolasizlar. Boshqa xudolarga ergashmanglar. Ularga xizmat qilmanglar, sajda etmanglar. Yasagan butlaringiz bilan Egamizni g‘azablantirmanglar. Shunda Egamiz boshingizga falokat keltirmaydi.” Ammo sizlar gapimga quloq solmadingizlar. Butlaringiz bilan Meni g‘azablantirib, o‘z boshingizga falokat keltirdingizlar.” Egamizning kalomi shudir. Shu sababdan Sarvari Olam demoqda: “Sizlar gapimga kirmaganingiz uchun, Men shimoldagi barcha qabilalarni yig‘ib olaman. Bobil shohi qulim Navuxadnazarni ham chaqiraman. Ularni sizlarga qarshi, bu yurt aholisi va yon–atrofingizdagi xalqlarga qarshi tortib kelaman. Men sizlarni tamomila qirib bitiraman. Ahvolingizni ko‘rgan odamlar qotib qoladi, sizlarni ko‘rganlar dahshatga tushadi. Men yurtingizni abadiy xarobazorga aylantiraman. Shunday qilamanki, orangizda shodu xurramlik sadolari bo‘lmaydi, kelin–kuyovning ovozi eshitilmaydi, tegirmonning tovushi chiqmaydi. Chirog‘ingiz yonmaydi. Butun yurt vayron bo‘lib, xarobazorga aylanadi. Bu xalqlar yetmish yil mobaynida Bobil shohiga xizmat qilishadi.” Egamiz shunday demoqda: “Yetmish yildan keyin esa Men Bobil shohini, uning xalqini va Bobilliklarning butun yurtini qilgan gunohlari uchun jazolayman. Ularning yurti to abad huvullab qoladi. O‘zim aytgan hamma kulfatlarni o‘sha yurtga yog‘diraman. Bu kitobda yozilgan hamma falokatlarni keltiraman. Yeremiyoning hamma xalqlarga qarshi aytgan bashoratlarini amalga oshiraman. Bobilliklar ko‘plab xalqlaru buyuk shohlarga qul bo‘ladilar. Qilgan qilmishlariga yarasha jazolarini oladilar.” Isroil xalqining Xudosi — Egamiz menga shunday dedi: “Qo‘limdagi kosani ol. Bu kosa g‘azabim sharobiga to‘la. Men seni yuboradigan hamma xalqlarga bu kosadagi sharobdan ichir. Ular sharobdan ichadilar, gandiraklab qolib, aqldan ozadilar. Axir, Men ularga qarshi qilich yuboraman.” Men Egamizning qo‘lidagi kosani oldim. Egamiz meni qaysi xalqlar oldiga yuborgan bo‘lsa, o‘sha xalqlarga sharobdan ichirdim: Quddus, Yahudo yurtining shaharlari va u yerdagi shohu a’yonlar xonavayron bo‘lsin, deb men ularga sharobdan ichirdim. Bugungacha ularning ahvolidan odamlar yoqasini ushlaydi, xalqimning nomini qarg‘ishlarda ishlatishadi. So‘ng men Misrga yo‘l oldim. Fir’avn, uning xizmatkorlari, a’yonlari, butun xalqi va u yerda yashayotgan musofirlarga sharobdan ichirdim. So‘ng Uz nomli yurtning shohlariga, shuningdek, Ashqalon, G‘azo, Exron va talafot ko‘rgan Ashdodda hukmronlik qilgan hamma Filist shohlariga sharobdan ichirdim. So‘ng men Edom, Mo‘ab, Ommonga, Tir, Sidon va dengiz ortidagi yurtlarning shohlariga sharobdan ichirdim. Dedon, Temo, Buz va sochini oldirib yuradigan boshqa hamma xalqlarga sharobdan ichirdim. Hamma Arabiston shohlariga, sahroda yashaydigan har xil ko‘chmanchi qabilalarning hamma shohlariga sharobdan ichirdim. Zimri, Elam va Midiya yurtlarining hamma shohlariga sharobdan ichirdim. Shimoldagi uzog‘u yaqinda bo‘lgan hamma shohlarga sharobdan ichirdim. Yer yuzidagi barcha saltanatlarga birin–ketin borib keldim. Oxiri kosadagi sharobdan Bobil taxtida o‘tirgan shoh ichadigan bo‘ldi. Egamiz menga dedi: “Ularga shunday deb ayt, Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: G‘azab kosamdan ichinglar! Mast bo‘lib qusinglar! Turmaydigan bo‘lib yiqilinglar, chunki Men sizlarning ustingizga qilich yuboryapman.” Bordi–yu, ular qo‘lingdagi kosani olishdan va sharob ichishdan voz kechsalar, sen ularga shunday deb ayt: “Sarvari Olam sizlarga “Ichishingiz shart!” deb aytmoqda. Mana, O‘zimga tegishli Quddus shahriga kulfat yog‘dira boshladim. Sizlar jazodan qochib qutularmidingiz?! Yo‘q, jazodan qutula olmaysizlar! Men yer yuzidagi barcha odamlarni urush balosiga giriftor etaman.” Sarvari Olamning kalomi shudir. “Shuning uchun, ey Yeremiyo, sen bu so‘zlarning hammasini ularga ayt: Egamiz yuksakdan o‘kiradi, Muqaddas makonidan sado beradi. Yurtiga shiddat bilan o‘kiradi. Uzum ezuvchilar kabi baqiradi, Yer yuzidagi hamma insonlarga hayqiradi. Gumburlashi dunyoning chetigacha eshitiladi. Zero, Egamiz xalqlarga da’vo qilmoqda, Dunyodagi odamzodni U hukm etmoqda, Fosiqlarni qilichdan o‘tkazmoqda.” Egamizning kalomi shudir. Sarvari Olam shunday demoqda: “Qaranglar, falokat kelmoqda, Xalqdan xalqqa yuqmoqda! Dunyoning to‘rt burchagidan Kuchli bo‘ron ko‘tarilmoqda! O‘sha kuni butun yer yuzi, bu boshidan narigi chetigacha Xudoning qudratidan nobud bo‘lgan odamlarning jasadlariga to‘ladi. Marhumlar uchun hech kim marsiya aytmaydi, hech kim ularni yig‘ib ko‘mmaydi. Ular yer ustida go‘ngday yotaveradi. Ey cho‘ponlar, uvvos solib yig‘langlar! Ey yo‘lboshchilar, kulga belaninglar! Bo‘g‘izlanadigan kuningiz yetib keldi, Jasadlaringiz yerda sochilib yotadi, Chilparchin bo‘lgan qimmatbaho ko‘zaday bo‘ladi. Cho‘ponlar hech qayerga qocha olmaydi, Yo‘lboshchilar qutulolmaydi. Eshiting! Yo‘lboshchilar faryod qilmoqda, Cho‘ponlar ho‘ngramoqda! Egamiz ularning yaylovlarini nobud qilyapti. Sokin maysazorlarini payhon etyapti. Axir, Egamizning g‘azabi alanga oldi. O‘lja qidirib uyasidan chiqqan sherday, Egamiz O‘z makonidan chiqdi. Egamizning alangali g‘azabi tufayli, Urush balosi tufayli Butun yurt xarobazorga aylanadi. Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqimning Yahudodagi ilk hukmronligi davrida Yeremiyoga Egamiz O‘z so‘zini ayon qildi. Egamiz shunday dedi: “Ey Yeremiyo, uyimning hovlisiga borib tur. Yahudo shaharlaridan uyimga sajda qilmoqchi bo‘lib kelgan hamma odamlarga gapir. Men senga amr qilgan barcha so‘zlarni, birontasini ham qoldirmay ularga ayt. Balki, ular Men aytgan gaplarga quloq solib, yovuz yo‘llaridan qaytishar. Shunda Men ham shaxtimdan qaytaman. Qilgan qabihliklari tufayli boshlariga keltirmoqchi bo‘layotgan falokatni keltirmayman. Sen ularga shunday deb ayt: Egamiz demoqda: “Sizlar Menga quloq solmadingizlar, bergan qonunlarimni bajarmadingizlar. Oldilaringizga qayta–qayta payg‘ambar qullarimni jo‘natdim, ammo sizlar ularning gapiga kirmadingizlar. Agar endi aytganlarimni bajarmasangizlar, Men bu uyni Shilo‘ning ko‘yiga solaman. Bu shaharni esa yer yuzidagi xalqlar orasida la’nati qilaman.” Ruhoniylar, payg‘ambarlar va butun xalq Yeremiyoning Egamiz uyida aytayotgan bu gaplarini eshitishdi. Yeremiyo Egamizning amr qilgan hamma so‘zlarini butun xalqqa aytib bo‘lgach, ruhoniylar, payg‘ambarlar va butun xalq unga tashlanib: “O‘ldiringlar uni!” — deya baqira boshlashdi. “Sen hali Egamiz nomidan bashorat qiladigan bo‘lib qoldingmi?! “Bu uy Shilo‘ning ko‘yiga tushadi, bu shahar esa vayron bo‘lib huvullab qoladi”, deb aytishga qanday jur’at etding?!” Egamiz uyidagi butun olomon Yeremiyoni o‘rab oldi. Bundan xabar topgan saroydagi Yahudo a’yonlari Egamizning uyiga keldilar. Qozilik qilish uchun Yangi darvozaning kiraverishidagi kursilarga o‘tirdilar. Shunda ruhoniylar bilan payg‘ambarlar yetib kelgan a’yonlarga va xaloyiqqa murojaat qilib dedilar: “Bu odam o‘limga loyiq! U shahrimizga qarshi bashorat qildi, buni o‘z qulog‘ingiz bilan eshitdingiz.” Yeremiyo o‘z navbatida shunday dedi: “Sizlar eshitgan barcha so‘zlarni gapirishim uchun, meni Egam yubordi. “Bu uyga va shaharga qarshi bashorat qil”, dedi. Agar sizlar yomon yo‘lingizdan qaytsangiz, turmush tarzingizni o‘zgartirsangiz, Egangiz Xudoga itoat etsangiz, Egamiz ham shaxtidan qaytadi, sizlarga e’lon qilgan falokatni boshingizga keltirmaydi. Mana, men sizning ixtiyoringizdaman. Nimani to‘g‘ri, deb bilsangiz, menga shuni qiling. Faqat bilib qo‘yinglar: agar meni o‘ldirsangizlar, sizlar ham, shahar aholisi ham aybsiz odamning qonini to‘kkan bo‘lasizlar. Zotan, bu so‘zlarning hammasini sizlarga aytishim uchun Egamizning O‘zi meni yuborgan.” So‘ng a’yonlar bilan butun xaloyiq ruhoniylarga va payg‘ambarlarga shunday dedilar: “Yo‘q, bu odam o‘limga loyiq emas. U bizga Egamiz Xudo nomidan gapiryapti–ku!” Yurtning bir nechta oqsoqoli ham chiqib, to‘plangan butun olomonga shunday dedilar: “Yahudo shohi Hizqiyo davrida bashorat qilib yurgan Mo‘rashatlik Mixo ham Yahudo xalqiga shunday deb aytgan edi: “ Sarvari Olam demoqda: Quddus daladay shudgor qilinadi, Sion xarobazor bo‘ladi, Egamizning uyi turgan tog‘ni Qalin o‘rmonzor qoplaydi.” O‘shanda Yahudo shohi bilan butun xalq payg‘ambarni o‘ldirganmidi?! Aksincha, shoh Egamizdan qo‘rqib, Undan marhamat so‘ragan edi. Egamiz esa shaxtidan qaytib, ularga e’lon qilgan falokatni boshlariga keltirmadi. Biz–chi? Biz o‘zimizning boshimizga o‘zimiz falokat keltiryapmiz–ku! Egamizning nomidan bashorat qilgan yana bir odam bor edi. U Xirat–Yorimlik Shamayo o‘g‘li Uriyo edi. U ham xuddi Yeremiyoga o‘xshab bu yurt va shaharga qarshi bashorat qilgan edi. Shoh Yohayiqim, uning hamma soqchilari va a’yonlari Uriyoning so‘zlarini eshitdilar. Shunda shoh Uriyoni o‘ldirishga qasd qildi. Bundan xabardor bo‘lgan Uriyo qo‘rqqanidan Misrga qochib ketdi. Shoh Yohayiqim uning orqasidan Axbor o‘g‘li Elnatanni odamlari bilan jo‘natdi. Ular Uriyoni Misrda tutib olib, shohning oldiga olib kelgan edilar. Shoh uni o‘ldirib, jasadini avom xalqning qabristoniga tashlagan edi.” Shunga qaramay, Shofon o‘g‘li Oxixam Yeremiyoning tarafini oldi. Yeremiyoni o‘ldirmoqchi bo‘lgan olomonning qo‘liga topshirishga yo‘l qo‘ymadi. Yo‘shiyo o‘g‘li Zidqiyo Yahudoda hukmronlik qilayotgan ilk davrida, Egamiz O‘z so‘zini Yeremiyoga ayon qildi. Egamiz menga shunday dedi: “Yog‘ochdan bir bo‘yinturuq yasa, qayishlar yordamida uni gardaningga osib ol. So‘ng esa Quddusga — shoh Zidqiyo huzuriga kelgan elchilar orqali Edom, Mo‘ab, Ommon, Tir va Sidon shohlariga xabar jo‘nat. Ularga quyidagi xabarni yetkazishlarini buyur: Isroilning Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Shohlaringizga aytinglar, bu dunyoni, yer yuzidagi odamzodu hayvonlarni Men O‘z qudratim va ajoyibotlarim bilan yaratganman. Shunday ekan, ularni xohlagan odamga beraman. Ana shu yurtlarning barchasini Men Bobil shohi qulim Navuxadnazarga berdim. Hattoki yovvoyi hayvonlarni ham uning izmiga topshirdim, ular ham Navuxadnazarga xizmat qilishadi. Navuxadnazarning shohligi qulaguncha hamma xalqlar unga, uning o‘g‘liyu nevarasiga xizmat qiladi. Keyin esa Navuxadnazarning o‘zi ham ko‘plab xalqlarga va buyuk shohlarga xizmat qilishga majbur bo‘ladi. Bobil shohi Navuxadnazarga xizmat qilmagan, unga bo‘yin bermagan har bir xalq va shohlikni Men urushga, qahatchiligu o‘latga giriftor etib, qirib tashlayman. O‘sha xalqni Navuxadnazar orqali butunlay yo‘q qilmagunimcha qo‘ymayman.” Egamizning kalomi shudir. “Sizlar Bobil shohiga xizmat qilmaysizlar”, deya karomat qilayotgan payg‘ambarlaringizga, folbinlaringizga, tush ta’birchilariga, bashoratgo‘y odamlaringizga, sehrgarlaringizga ishonmanglar. Ular sizlarga yolg‘on bashorat qilyaptilar. Agar ularga quloq solsangizlar, Men sizlarni bu yerdan chiqarib yuboraman. Uzoq yurtlarga surgun qilaman, oqibatda sizlar halok bo‘lasizlar. Bobil shohining bo‘yinturug‘i ostida bo‘yin eggan, unga xizmat qilgan har bir xalqni esa Men o‘z yurtida qoldiraman. Ular o‘z joyida yashab, o‘z yeriga ishlov beradilar.” Egamizning kalomi shudir. Men Yahudo shohi Zidqiyoni ham xuddi shunday deb ogohlantirdim: “Bobil shohiga bosh eging, uning o‘ziga ham, xalqiga ham xizmat qiling, shunda joningizni saqlab qolgan bo‘lasiz. Egamiz: “Bobil shohiga xizmat qilmagan har bir xalq urush, qahatchilik va o‘latdan nobud bo‘ladi” degan edi. Nahotki o‘zingizning va o‘z xalqingizning joniga zomin bo‘lsangiz?! “Bobil shohiga xizmat qilmang”, deb aytayotgan payg‘ambarlarning gaplariga quloq solmang, ular sizlarga yolg‘on bashorat qilyapti. O‘sha payg‘ambarlar haqida Egamiz shunday deb aytdi: “Ularni Men yubormaganman. Ular Mening nomimdan yolg‘on bashorat qilishyapti. Shunday ekan, Men sizlarni va sizlarga bashorat qilayotgan payg‘ambarni bu yurtdan uloqtirib tashlayman. Hammangiz halok bo‘lasizlar.” So‘ng men ruhoniylarga va butun xalqqa gapirdim: “Egamiz shunday demoqda: Egamizning uyiga qarashli ashyolar Bobildan yaqinda olib kelinadi, deb aytayotgan payg‘ambarlarga quloq solmanglar. Ular sizlarga yolg‘on bashorat qilishyapti. Ularga quloq solmanglar! Joningizni saqlab qolmoqchi bo‘lsangizlar, Bobil shohiga xizmat qilinglar. Aks holda shahar vayron qilinadi! Agar ular haqiqatan ham payg‘ambarlar bo‘lishsa, agar chindan ham Mening kalomim ularga ayon bo‘lgan bo‘lsa, unda ular Menga — Sarvari Olamga yolvorishsin. “Sening uyingdagi, shoh saroyidagi va Quddusdagi qolgan ashyolar Bobilga olib ketilmasin”, deb Menga iltijo qilishsin. [19-20] Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga bostirib kelib, taxtda o‘tirgan Yohayiqim o‘g‘li Yohayixinni Yahudo amaldorlari bilan birga asir qilib olib ketganda, Ma’baddagi ikkita bronza ustunni, hovuzni, tagkursilarni va Quddusdagi ayrim idishlarni qoldirib ketgan edi. O‘sha qolgan–qutgan ashyolar haqida Sarvari Olam shunday demoqda: *** “Men, Isroil xalqining Xudosi, Sarvari Olam uyimda, shoh saroyida va Quddusda qolgan ashyolar haqida aytadigan gaplarimni eshitinglar: Ashyolarning hammasi Bobilga olib ketiladi. Men ularni olib kelgani bormagunimcha, o‘sha yerda qoladi. So‘ng esa Men ularni qaytarib olib kelaman, shu yerga joylashtiraman.” Egamizning kalomi shudir. Ayni o‘sha yili, ya’ni Yahudo shohi Zidqiyo hukmronlik qilayotgan ilk davrida, to‘rtinchi yilining beshinchi oyida Xanoniyo payg‘ambar Egamiz uyidagi ruhoniylar va xalq oldida menga gapirdi. Xanoniyo Givonlik Ozzurning o‘g‘li edi. U menga shunday dedi: “ Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: Bobil shohi solgan bo‘yinturuqni Men sindirib tashladim. Shoh Navuxadnazar uyimdan Bobilga olib ketgan hamma ashyolarni Men ikki yil ichida bu yerga qaytarib olib kelaman. Bundan tashqari, Bobilga surgun bo‘lgan Yahudo shohi Yohayiqim o‘g‘li Yohayixinni va u bilan birga hamma asirlarni qaytarib olib kelaman. Men Bobil bo‘yinturug‘ini sindirib tashlayman.” Egamizning kalomi shudir. Shunda men Egamiz uyida hozir bo‘lgan ruhoniylar va xalq oldida Xanoniyoga shunday dedim: “Omin! Egamiz shunday qilsin. Bashorat qilgan so‘zlaringizni Egamizning O‘zi bajo aylasin. O‘z uyining ashyolariyu asirlarni Bobildan qaytarib, bu yerga olib kelsin. Endi esa men sizga va xalqqa aytmoqchi bo‘lgan mana bu gaplarimni eshiting. Sizdan va mendan oldin o‘tgan payg‘ambarlar ko‘p yurtlaru buyuk shohliklarga qarshi urush, ocharchilik va o‘latni bashorat qilgan edilar. Tinchlikni bashorat qilgan payg‘ambarning bashorati bajo bo‘lganidan keyingina, xalq uni “haqiqatan ham Egamizning elchisi”, deb tan olar edi.” So‘ng Xanoniyo payg‘ambar Yeremiyoning gardanidagi bo‘yinturuqni olib sindirdi–da, to‘planib turgan xaloyiqqa murojaat qilib dedi: “Egamiz aytmoqda, xuddi shunday qilib, Men ikki yil ichida Bobil shohi Navuxadnazarning xalqlarga solgan bo‘yinturug‘ini olib, sindirib tashlayman.” Bu gaplardan keyin Yeremiyo o‘z yo‘liga ketdi. Xanoniyo payg‘ambar Yeremiyo payg‘ambarning gardanidagi bo‘yinturuqni sindirgandan keyin, ko‘p o‘tmay Egamiz Yeremiyoga O‘z so‘zini ayon qilib dedi: “Xanoniyoning oldiga borib, shunday deb ayt: Egamiz aytmoqda, sen yog‘och bo‘yinturuqni sindirding, ammo o‘shaning o‘rniga Men temirini yasayman. Zero, Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: Men bu xalqlarning gardaniga temir bo‘yinturuq solaman. Ularning hammasi Bobil shohi Navuxadnazarga xizmat qilishadi. Ha, ularning hammasi Navuxadnazarga bosh egadi. Men hatto yovvoyi hayvonlarni ham Navuxadnazarning izmiga topshiraman.” Yeremiyo payg‘ambar Xanoniyo payg‘ambarga dedi: “Menga qara, Xanoniyo, Egamiz seni yubormagan. Sen esa bu xalqni yolg‘on gaplaringga ishontirib qo‘yding. Shu qilganing uchun Egamiz shunday demoqda: Men seni yer yuzidan daf qilaman. Sen o‘z bashoratlaring bilan xalqni Egangga qarshi qo‘zg‘atganing uchun shu yiliyoq o‘lasan.” O‘sha yilning yettinchi oyida Xanoniyo olamdan o‘tdi. Yeremiyo payg‘ambar Bobilda asirlarning orasida omon qolgan oqsoqollarga, ruhoniylarga, payg‘ambarlarga va asirlikda yurgan butun xalqqa Quddusdan bir maktub yo‘lladi. Bu asirlarni shoh Navuxadnazar Quddusdan Bobilga surgun qilgan edi. Shoh Yohayixin, ona malika, a’yonlar, Yahudo va Quddus yo‘lboshchilari, hunarmandlaru temirchilar Quddusdan surgun qilingandan keyin bu maktub yozildi. Yeremiyo maktubini Shofon o‘g‘li Elasax va Xilqiyo o‘g‘li Gamariyo orqali jo‘natdi. Yahudo shohi Zidqiyo bu odamlarni Bobil shohi Navuxadnazar huzuriga yuborgandi. Maktub quyidagi mazmunda edi: “ Isroil Xudosi — Sarvari Olam Quddusdan Bobilga surgun qilgan barcha odamlarga shunday demoqda: O‘zlaringizga yashash uchun uylar quringlar, bog‘–rog‘lar yaratinglar, mevalaridan tanovul qilinglar. Uylaninglar, o‘g‘il–qizlar ko‘ringlar, o‘g‘illaringizga qizlar olib beringlar. Qizlaringizni turmushga beringlar, ular ham uvali–juvali bo‘lishsin. O‘sha yerda ko‘payinglar, soningiz kamaymasin. Men sizlarni surgun qilgan o‘sha shaharning tinch va farovon hayoti uchun mehnat qilinglar. O‘sha shahar uchun Menga ibodat qilinglar. Shahar tinch bo‘lsa, sizlar ham tinch bo‘lasizlar.” Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Orangizdagi payg‘ambarlar bilan folbinlar sizlarni laqillatishmasin. Ular ko‘rgan tushlarini aytganlarida quloq solmang, ular Mening nomim bilan bashorat qilib aytayotgan hamma gaplari yolg‘ondir. Ularni Men oldingizga yubormaganman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Bobil hukmronligiga yetmish yil bo‘lgandan keyin, Men oldingizga boraman. Bergan ezgu va’damga binoan sizlarni shu yerga qaytarib, olib kelaman. Axir, Men sizlar to‘g‘ringizda tuzgan rejalarimni bilaman. Bu rejalarim sizlarga kulfat emas, farovonlik olib keladi, yorug‘ kelajagu umid beradi.” Egamizning kalomi shudir. “O‘sha damlarda Menga qilgan iltijoyu ibodatlaringiz ijobat bo‘ladi. Meni butun qalbingiz bilan izlasangizlar, topasizlar. Ha, Meni topasizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Men sizlarni yana farovonlikka erishtiraman. Sizlarni surgun bo‘lgan barcha xalqlar orasidan, hamma yurtlardan yig‘ib olaman. Sizlarni chiqarib yuborgan ona yurtingizga qaytarib olib kelaman.” Egamizning kalomi shudir. Sizlar: “Egamiz bizga Bobilda payg‘ambarlar berdi”, deb aytishingiz mumkin. Endi Dovud taxtida o‘tirgan shoh haqida, hanuz Quddusda yashab kelayotgan butun xalq haqida, sizlar bilan surgunga ketmagan qarindosh–urug‘ingiz haqida Egamizning aytgan so‘zlarini eshiting. Sarvari Olam shunday demoqda: “Men ularning boshiga urush, ocharchilik va o‘lat balosini keltiraman. Ularni yeb bo‘lmaydigan chirik anjirga o‘xshatib qo‘yaman. Qilich, ocharchilik va o‘lat bilan ularning ketidan quvaman. Bularni ko‘rgan yer yuzidagi hamma shohliklar dahshatga tushadi. Men ularni tarqatib yuborgan joyda ularning ahvolini ko‘rgan hamma odamlar dahshatga tushib, yoqasini ushlaydi. Ularni masxara qilib, nomini qarg‘ishlarda ishlatishadi. Axir, ular gapimga quloq solmadilar”, deb aytmoqda Egamiz. “Men ularning oldilariga payg‘ambar qullarimni uzluksiz yuborib turdim. Biroq ular payg‘ambarlarimga quloq solmadilar.” Egamizning kalomi shudir. Shunday ekan, ey Men Bobilga surgun qilgan asirlar, gaplarimga quloq solinglar! Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam Xulayo o‘g‘li Axab va Masiyo o‘g‘li Zidqiyo haqida shunday demoqda: “Ular Mening nomim bilan yolg‘on bashoratlar aytib yurishibdi. Men ularni Bobil shohi Navuxadnazar qo‘liga topshiraman. Sizlarning ko‘zingiz oldida o‘ldirtirib yuboraman. Shundan keyin Bobildagi Yahudolik asirlar birovni qarg‘aganda shunday deb aytadigan bo‘ladi: “Iloyim, boshingga Bobil shohi tiriklayin yoqib yuborgan Zidqiyo va Axabning kuni tushsin.” Axab bilan Zidqiyoning qismati shudir, chunki ular Isroilda razilliklar qildilar. Qo‘shnilarining xotinlari bilan zino qildilar. Men ularga amr qilmagan bo‘lsam ham, Mening nomimdan yolg‘on gapirdilar. Qilgan qilmishlarini bilaman, O‘zim shularga guvohman.” Egamizning kalomi shudir. [24-25] Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam menga Naxalamlik Shamayo to‘g‘risida bir xabar berdi. Shamayo o‘zboshimchalik qilib, Quddusdagi hamma odamga, Masiyo o‘g‘li ruhoniy Zafaniyoga va boshqa hamma ruhoniylarga bir maktub jo‘natgan ekan. U maktubida ruhoniy Zafaniyoga shunday deb yozgan ekan: *** “Egamizning O‘zi sizni Yohayido o‘rniga ruhoniy qilib tayinladi. Siz Egamiz uyining nazoratchisi sifatida, o‘zini payg‘ambar qilib ko‘rsatgan har bir telbani kishanlab, zanjirband qilishingiz lozim. Nega endi Onoto‘tlik Yeremiyoga indamay yuribsiz? U sizlarning orangizda o‘zini payg‘ambar qilib ko‘rsatib yuribdi–ku! U Bobilga, bizga maktub jo‘natib, maktubida: “Sizlar uzoq yillar davomida surgunda yashaysizlar. O‘zlaringizga yashash uchun uylar quringlar, bog‘–rog‘lar yaratinglar, mevasidan tanovul qilinglar”, deb yozibdi.” Bu maktubni Yeremiyoga ruhoniy Zafaniyo o‘qib berdi. Shunda Egamiz Yeremiyoga O‘z so‘zini ayon qildi: “Surgundagi barcha odamlarga shunday deb yoz: Naxalamlik Shamayo haqida Egamiz demoqda: Shamayoni Men yubormaganman. U esa bashorat qilib, sizlarni yolg‘on gaplariga ishontirib qo‘ydi. Shuning uchun Men uni butun xonadoni bilan birga jazolayman. Bu xalq orasida uning avlodidan bo‘lgan bironta odam ham tirik qolmaydi. Ularning birontasi ham xalqimga Men qiladigan yaxshiligimni ko‘rmaydi, chunki Shamayo o‘z gaplari bilan xalqimni Menga qarshi qo‘zg‘atmoqchi bo‘ldi.” Egamizning kalomi shudir. Egamizning so‘zi Yeremiyoga ayon bo‘ldi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday dedi: “Men senga aytgan barcha so‘zlarimni o‘rama qog‘ozga yozib qo‘y. Shunday kunlar keladiki, Men xalqim Isroilni va Yahudoni yana farovonlikka erishtiraman. Ota–bobolariga bergan yurtga ularni olib kelaman. Ular o‘sha yurtga egalik qiladilar.” Egamizning kalomi shudir. Quyida Egamizning Isroil va Yahudo haqida aytgan so‘zlari yozilgan: “Egamiz shunday demoqda, Sarosima xitoblarini eshitdik. Ana, vahima sadolari eshitilmoqda! Tinchlik yo‘q! Qani, so‘rab ko‘ring: Erkak kishi tug‘adimi? Nega unda men ko‘rgan har bir kuchli erkak Dard tutgan ayolday belini ushlab olgan? Nega har bir erkakning yuzi bo‘zday oqargan? Evoh, naqadar dahshatli bu kun! Bunday kun hech qachon bo‘lmagan. Yoqub nasli uchun bu jabr kuni bo‘ladi, Ammo bu kundan xalqim qutqariladi.” Sarvari Olam shunday demoqda: “O‘sha kuni Men xalqimning bo‘ynidagi bo‘yinturuqni sindiraman, kishanlarini uzib tashlayman. Mening xalqim endi hech qachon ajnabiylarga qul bo‘lmaydi. Ular Menga — O‘z Egasi Xudoga va Men taxtga o‘tqizadigan Dovud avlodidan bo‘lgan shohga xizmat qilishadi. Egamiz shunday demoqda: “Ey qulim Yoqub, qo‘rqma! Ey Isroil xalqi, sarosimaga tushma! Men seni olis yurtdan ozod qilib olib kelaman, Naslingni surgun bo‘lgan mamlakatdan qutqaraman. Ey Yoqub nasli, sen yurtingga qaytasan, Osoyishta va bexatar yashaysan. Endi hech kim seni qo‘rqitmaydi.” Egamiz shunday demoqda: “Men sen bilan birga bo‘laman, O‘zim seni qutqaraman. Seni xalqlar orasiga tarqatgan edim, Endi o‘sha xalqlarning hammasini qirib tashlayman. Seni esa qirib yubormayman, Ammo jazosiz ham qoldirmayman, Adolat ila jazoingni beraman.” Mana, Egamiz xalqiga shunday demoqda: “Yarangni davolab bo‘lmaydi, Sening darding tuzalmasdir. Arzingni eshitadigan odam yo‘q, Yarang uchun dori–darmon yo‘q, Seni davolab bo‘lmaydi. Hamma o‘ynashlaring seni unutdi, Ularning sen bilan ishi yo‘q. Men dushman kabi senga hamla qildim, Shafqatsiz jazoingni berdim. Og‘ir jinoyating, ko‘p gunohlaring uchun, Seni shu ko‘yga soldim. Nechun jon achchig‘ida baqiryapsan?! Yarangni davolab bo‘lmaydi, axir! Og‘ir jinoyating, ko‘p gunohlaring uchun Seni shu ko‘yga soldim. Ammo seni halok qilganlar halok bo‘ladi, Dushmanlaringning hammasi surgun qilinadi. Seni talon–taroj qilganlar talanadi. Senga hujum qilganlar bosib olinadi. Dushmanlar seni “Tashlab ketilgan”, deb atashsa ham, “Hech kimning Quddus bilan ishi yo‘q”, deb aytishsa ham, Men seni sog‘aytiraman, Yarangga shifo beraman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Men Yoqub naslining chodirlarini qayta tiklayman. Xalqim xonadonlariga rahm–shafqat qilaman. Shahar o‘z vayronalari ustida qayta bunyod bo‘ladi, Saroy o‘z joyida tiklanadi. U yerdan shukrona qo‘shiqlari eshitiladi, Shodlik hayqiriqlari yangrab turadi. Men xalqimni ko‘paytiraman, Ularning soni kamaymaydi. Ularni obro‘–e’tiborli qilaman, Hech kim ularni oyoq osti qilmaydi. Farzandlari oldingiday farovon hayot kechiradi, Jamoasi oldimda mustahkam turadi. Ularga jabr qilganlarni Men jazolayman. Shahzodasi o‘zlaridan chiqadi, Hukmdori Mening xalqimdan bo‘ladi. Men uni O‘zimga yaqinlashtiraman, Shunda u Menga yaqinlasha oladi. Zotan hech kim o‘zidan o‘zi Menga yaqinlashishga jur’at etmaydi!” deb aytmoqda Egamiz. Shunda sizlar Mening xalqim, Men esa sizlarning Xudoyingiz bo‘laman. Qaranglar, Egamiz g‘azabga mindi, Uning qahri bo‘ronga o‘xshaydi, Avj olgan to‘fonday, Fosiqlarning boshiga tushadi. Egamiz niyatini to‘liq bajarmaguncha, O‘z g‘azabidan tushmaydi. Keyinchalik buni anglab olasiz.” Egamiz shunday demoqda: “O‘sha vaqtda Men hamma Isroil qabilalarining Xudosi bo‘laman, ular esa Mening xalqim bo‘ladi.” Egamiz shunday demoqda: “Qirg‘indan omon qolgan Isroil xalqi Orom izlab safarga chiqqanda, Sahroda inoyat topdi. Men qadimda Isroilga zohir bo‘lib, shunday degan edim: Seni mangu sevgi bilan sevdim, Senga sodiq bo‘lib keldim. Ey bokira qiz Isroil, Men seni qaytadan bunyod etaman. Sen qayta bino bo‘lasan. Sen yana childirmalaringni chalasan, Quvonch ila raqsga tushasan. Samariya qirlarida yana uzumzorlar barpo qilasan. Tok ekkan dehqonlar o‘z hosilidan yeydilar. Shunday kunlar keladiki, Soqchilar Efrayim qirlarida jar soladilar: “Kelinglar, Egamiz Xudoning oldiga boraylik! Kelinglar, Quddusga chiqaylik!” Egamiz shunday demoqda: “ Yoqub nasli uchun sevinch ila qo‘shiq ayting, Ha, xalqlar sardori uchun Xudoni madh qiling. Xudoga hamdu sanolar o‘qing, Unga yolvorib ayting: “Ey Egamiz, O‘z xalqingni xalos qilgin! Isroilning omon qolganlarini qutqargin!” Men ularni shimoldan olib kelaman, Dunyoning to‘rt burchagidan yig‘ib olaman. Oralarida ko‘ru cho‘loqlar bo‘ladi, Homilador ayollaru to‘lg‘oq tutayotganlar bo‘ladi. Katta bir jamoa bo‘lib, bu yerga qaytib kelishadi. Ular yo‘l yurib, ko‘z yosh to‘kishadi, Ularni boshlab kelayotganimda iltijo qilishadi. Men ularni suv buloqlari bo‘ylab yetaklayman, Qoqilmasin deb, tekis yo‘ldan olib yuraman. Zotan, Men Isroilning otasidirman, Efrayim Mening to‘ng‘ich o‘g‘limdir. Ey xalqlar, Egamizning so‘zini eshitinglar, Dengiz ortidagi yurtlarda shunday e’lon qilinglar: “Egamiz Isroil xalqini tarqatib yubordi, Ammo endi uni qayta yig‘ib oladi, Cho‘pon suruvini qo‘riqlaganday, Egamiz Isroilni qo‘riqlaydi.” Zero, Yoqub naslini Egamiz ozod qildi, Ulardan kuchliroq bo‘lgan bir xalqdan bu naslni qutqardi. Yoqub nasli Quddus qirlarida quvonch ila ashula aytadi, Egamiz bergan barakadan quvonadi. Bug‘doy, sharob va zaytun moyi tufayli, Suruvdagi qo‘zilaru podalardagi buzoqlar tufayli Ularning yuzidan nur sochiladi. Ular sug‘orilgan boqqa o‘xshaydigan bo‘ladi, Butunlay qayg‘uni unutib yuborishadi. Qizlar xursand bo‘lib, raqsga tushadilar, Erkaklarning yoshu qarisi shod bo‘ladi. Men ularning qayg‘usini quvonchga aylantiraman, Hasrat o‘rniga taskin va shodlik beraman. Ruhoniylarni a’lo sifatli ovqatlar bilan to‘yg‘izaman, Xalqimni barakalardan bahramand qilaman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Rama shahridan bir nido eshitilur, Achchiq bir nolayu ohu fig‘on bu. Bolalari uchun yig‘lar Rohila, Ovunishni xohlamas, Axir, ular endi yo‘q.” Egamiz shunday demoqda: “Bo‘ldi bas, yig‘lama, Ko‘z yoshlaringni to‘kma. Zero, mehnating taqdirlanadi, Farzandlaring dushman yurtidan qaytib keladi. Kelajaging uchun umid bor, Bolalaring o‘z yurtiga qaytib keladi.” Egamizning kalomi shudir. Efrayimning hasratini eshitdim: “Meni jazolading, o‘zimga saboq oldim. Men o‘jar bir buzoqqa o‘xshagan edim. Meni qaytar, oldingga qaytib boray, Axir, Egam Xudo Sensan. Sendan yuz o‘girganimdan pushaymon bo‘ldim, Esim joyiga kelgach, ko‘ksimga urdim. Yoshlikda isnodga qolganim tufayli Sharmandayu sharmisor bo‘ldim.” “Efrayim — Mening aziz o‘g‘lonim, Suyukli farzandimdir u! Unga qarshi ko‘p gapirganim bilan, Xayolimdan uni ketkizmayman. Unga ich–ichimdan achinib ketdim, Albatta unga rahm qilaman.” Egamizning kalomi shudir. Ey bokira qiz Isroil, O‘zing uchun yo‘l belgilarini qo‘y, Yo‘nalish ustunlarini o‘rnat. Kelgan yo‘lingni aniqlab ol. Qayt, o‘z shaharlaringga qayt. Ey vafosiz qiz, Qachongacha ikkilanasan?! Egamiz dunyoda yangi bir narsa yaratadi: Isroil O‘z Xudosiga chirmashib oladi. Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman. Shunda Yahudo yurtidagi va barcha shaharlaridagi odamlar Quddusni shunday duo qiladigan bo‘lishadi: ‘Ey muqaddas tog‘, Solihlik makoni, Egamiz senga baraka bersin!’ Odamlar Yahudo yurtida va uning hamma shaharlarida yashaydilar. U yerda dehqonlar va qo‘ylarni boqadigan chorvadorlar bo‘ladi. Men chanqaganlarning chanqog‘ini qondiraman, toliqqan jonga orom beraman.” Shunda odamlar miriqib uxlab, kuchga to‘lib uyg‘onadilar. Egamiz shunday demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo yurtlarini odamlarga va hayvonlarga to‘ldiraman. Ilgarilari Men bu xalqni qo‘porib, vayron qilgan bo‘lsam, ularni ag‘darib tashlab, yakson etgan bo‘lsam, boshlariga falokat keltirgan bo‘lsam, endi ularni qayta bunyod etib, mustahkam qilaman.” Egamizning kalomi shudir. O‘shanda odamlar shunday deb aytmaydigan bo‘ladi: “Otalari achchiq uzum yeyishgan edi, Bolalarining esa tishi qamashdi.” Aksincha, har bir odam qilgan gunohi uchun o‘zi o‘lim jazosini tortadi. Kim achchiq uzum yegan bo‘lsa, o‘shaning tishi qamashadi.” Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo xalqlari bilan yangi ahd tuzaman. Bu yangi ahd Men ularning ota–bobolari bilan tuzgan ahdga o‘xshamaydigan bo‘ladi. Men ota–bobolarini qo‘lidan yetaklab, Misrdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd tuzgan edim. Men ularga sodiq xo‘jayin edim, ammo ular o‘sha ahdimni buzishdi.” Egamiz shunday demoqda: “Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday bo‘ladi: Men qonunimni odamlarning ongiga solib qo‘yaman, qonunimni yuraklariga yozaman. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim bo‘ladilar. Shundan keyin odamlar bir–biriga: ‘Egamizni tanib–biling’, demaydigan bo‘lishadi. Chunki ularning hammasi — kattasidan tortib kichigigacha Meni biladigan bo‘ladi. Men ularning ayblarini kechiraman, gunohlarini hech qachon esga olmayman.” Egamizning kalomi shudir. Kunni yoritsin, deya Egamiz quyosh ato qildi. Kechasi nur sochsin, deya oy va yulduzlarni yaratdi. U dengizni ko‘pirtirar, To‘lqinlarini o‘kirtirar, Uning nomi Sarvari Olamdir. U shunday demoqda: “Agar tabiatdagi bu tartib buzilsa, Isroil nasli ham xalq sifatida yo‘q bo‘ladi.” Egamiz shunday demoqda: “Osmonu falakni o‘lchab bo‘lmaganday, Zamin poydevorini tekshirib bo‘lmaganday, Men ham Isroil naslini tark etolmayman, Qilgan qilmishlari uchun ularni tashlab ketolmayman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Shunday kunlar kelyaptiki, Quddus Men uchun qayta tiklanadi. Butun shahar Xanonil minorasidan tortib, to Burchak darvozasigacha qayta quriladi. Shahar kengayadi, chegarasi g‘arbdagi Goriv tepaligigacha borib, Go‘ax tomon buriladi. O‘liklar ko‘milgan, axlat tashlangan butun Xinnum soyligi va Qidron soyligining sharqidagi Ot darvozasigacha cho‘zilgan hamma dalalar Men uchun muqaddas bo‘ladi. Quddus shahri endi hech qachon vayron qilinmaydi, xarobaga aylanmaydi.” Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining o‘ninchi yilida Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi. O‘sha yili Bobil shohi Navuxadnazar hukmronligining o‘n sakkizinchi yili bo‘lib, ayni vaqtda u lashkarlari bilan Quddusni qamal qilib turgan edi. Yeremiyo esa Yahudo shohi saroyidagi soqchilar hovlisiga qamab qo‘yilgan edi. (Shoh Zidqiyoning o‘zi Yeremiyoni o‘sha yerga qamatib, shunday degan edi: “Nega sen Egamizning nomidan bashorat qilib yuribsan? Sen shunday deb yurgan emishsan: “Egamiz bu shaharni Bobil shohining qo‘liga topshiradi, shahar taslim bo‘ladi. Yahudo shohi Zidqiyo ham Bobilliklarning qo‘lidan qochib qutulolmaydi. U Bobil shohining qo‘liga topshiriladi. U o‘z ko‘zi bilan shoh Navuxadnazarni ko‘radi, Navuxadnazar u bilan yuzma–yuz gaplashadi.” Yana shunday deb yurgan emishsan: “Navuxadnazar Zidqiyoni Bobilga olib ketadi. Egamiz Zidqiyoni jazolamaguncha Zidqiyo o‘sha yerda qoladi.” Yana: “Agar Bobilliklarga qarshi jang qilsangizlar, mag‘lub bo‘lasizlar”, deb aytgan ekansan.) Egamiz Yeremiyoga O‘z so‘zini ayon qilib dedi: “Ey Yeremiyo, sening oldingga Shallum amakingning o‘g‘li Xanomil keladi. U senga: “Onoto‘tdagi dalamni sotib ol. Eng yaqin qarindoshim bo‘lganing uchun, dalamni sotib olish huquqiga egasan”, deb aytadi.” Keyin, xuddi Egamiz aytganidek, soqchilar hovlisiga amakivachcham Xanomil kirib keldi. U menga shunday dedi: “Benyamin hududida joylashgan Onoto‘tdagi dalamni sotib olsang, degan edim. Sen yaqin qarindoshim bo‘lganing uchun, dalamni o‘zingga mulk qilib olish huquqiga egasan. Dalamni sotib olaqol.” Shunda menga haqiqatan ham Egamiz gapirganini bildim. Men amakivachcham Xanomildan Onoto‘tdagi dalani sotib olib, unga 43 misqol kumushni o‘lchab berdim. Keyin vasiqaga qo‘l qo‘yib, uni muhrladim, hammasini guvohlar oldida qildim, kumushni tarozida o‘lchab berdim. So‘ng muddat va shartlari bayon qilingan vasiqaning muhrlangan nusxasini, shuningdek, ochiq nusxani Boruxga berdim (Borux Neriyoning o‘g‘li, Maxsiyoning nevarasi edi). Soqchilar hovlisida o‘tirgan hamma yahudiylar, vasiqaga qo‘l qo‘ygan guvohlar va amakivachcham Xanomil buning shohidi bo‘ldilar. Men ularning oldida Boruxga shunday dedim: “ Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: “Bu vasiqaning ikkala nusxasini, muhrlangan va ochiq nusxalarini olib, xumchaga solib qo‘y, toki ular uzoq yillar davomida saqlanib qolsin. Zero, bu yurtda odamlar yana uylar, dalalar va uzumzorlar sotib oladigan bo‘lishadi.” Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olamning kalomi shudir.” Men vasiqani Neriyo o‘g‘li Boruxga berganimdan so‘ng, Egamizga ibodat qildim: “Yo Egam Rabbiy! Sen O‘z qudrating va ajoyibotlaring bilan yeru osmonni yaratding. Sening qo‘lingdan kelmaydigan narsa yo‘q. Sen ming–ming avlodlarga O‘zingning mustahkam sevgingni ko‘rsatasan, ammo otalarning gunohlari uchun bolalarni jazolaysan. Ey, buyuk va qudratli Xudo! Sarvari Olamdir Sening noming. Sen dono rejalar tuzib, buyuk ishlar qilasan. Foniy bandalar qilayotgan barcha ishlarni kuzatib turasan. Ularni qilmishiga yarasha jazolaysan, qilgan ishiga yarasha taqdirlaysan. Sen Misrda yodda qoladigan alomatu mo‘jizalar ko‘rsatding. Hozirgi kunda ham Isroil va butun odamzod orasida Sening noming nihoyatda mashhur. Alomatu mo‘jizalaring, O‘z qudratingu ajoyibotlaring, buyuk bir dahshating bilan Sen O‘z xalqingni Misrdan olib chiqqan eding. Ota–bobolariga va’da qilgan, sut va asal oqib yotgan yurt ularga bergan eding. Ular bu yurtga kelib, uni mulk qilib oldilar. Ammo Senga bo‘ysunmadilar, qonunlaringga rioya qilmadilar. Buyurgan amrlaringni bajarmadilar. Shu sababdan Sen bu falokatlarning hammasini ularning boshiga solding. Ana endi Bobilliklar Quddusga hujum qilyaptilar. Quddusni qo‘lga kiritish uchun, shahar devoriga qiyalatib tuproq uyyaptilar. Qirg‘in, ocharchilik va o‘lat dastidan shahar taslim bo‘ladi. O‘zing ko‘rib turganingdek, aytganlaringning bari bajo bo‘lyapti. Ey Egam Rabbiy, shahar Bobilliklarga taslim bo‘layotgan shunday bir paytda Sen menga: “Guvohlar oldida kumushga dala sotib ol”, deding–a! Egamiz Yeremiyoga O‘z so‘zini ayon qildi: “Men Egangman. Men barcha tirik jonning Xudosiman. Qo‘limdan kelmaydigan ish yo‘q!” Egamiz yana shunday dedi: “Men bu shaharni Bobilliklarga, Bobil shohi Navuxadnazarga taslim qilib beraman. Ular shaharni qo‘lga kiritadilar. Sizlarga hujum qilib kelayotgan bu Bobilliklar shaharga o‘t qo‘yadilar. Quddusdagi uylarni yondirib tashlaydilar! Axir, Quddus aholisi uylarining tomlari ustida Baalga qurbonliklar kuydirib, boshqa xudolarga sharob nazrlarini keltirib, Meni g‘azablantirdi.” Egamiz shunday demoqda: “Isroil va Yahudo xalqlari yoshligidan beri oldimda faqat qabihlik qilishadi. Qachon qarasa, Isroil xalqi o‘z ishlari bilan Meni g‘azablantirib yuradi. Bu shahar bino bo‘lgandan beri, to bugunga qadar, shahar aholisi Meni qattiq g‘azablantirib kelmoqda. Men ularni huzurimdan daf qilaman, chunki Isroil va Yahudo xalqlari — shohlariyu a’yonlari, ruhoniylariyu payg‘ambarlari, Yahudo va Quddusda yashagan hamma odamlar qilgan yovuzliklari bilan jahlimni chiqardilar. Ular Menga yuz burmay, orqa o‘girdilar. Men ularni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘lib astoydil harakat qilgandim, ammo ular Menga quloq solmadilar, o‘zlariga saboq olmadilar. Mening nomim bilan atalgan uyga jirkanch butlarini o‘rnatib, uyimni harom qildilar. Xinnum soyligida Baalga sajdagohlar qurdilar. U yerda o‘g‘il–qizlarini Mo‘laxga olovda kuydirib qurbonlik qildilar. Men ularga bunday jirkanch ishni amr qilmaganman, bu hatto xayolimga ham kelmagan. Natijada bu qilmishlari tufayli Yahudo jazoga loyiq bo‘ldi.” Sizlar bu shahar haqida “Quddus shahri qirg‘in, ocharchilik va o‘lat dastidan Bobilliklar oldida taslim bo‘ladi”, deb aytyapsizlar, ammo Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Men g‘azab, qahr va qattiq jahl ustida turli yurtlarga xalqimni tarqatib yuborgan edim, endi ularni yig‘ib olaman. Ularni yana mana shu yerga olib kelaman. Ular bu yerda osoyishta umr kechiradilar. Ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman. Ular Mendan har doim qo‘rqsin, deb ularni yakdil qilaman, hammasini hayotning bir maqsadi tomon yo‘naltiraman. Shunda o‘zlariga ham, bolalariga ham yaxshi bo‘ladi. Men ular bilan abadiy ahd tuzaman. Ularga doim yaxshilik qilishdan qochmayman. Mendan yuz o‘girib ketmasliklari uchun, ularning yuraklariga Mendan qo‘rqish hissini solib qo‘yaman. Men ularga yaxshilik qilganimdan xursand bo‘laman, ularni jonu dilim bilan bu yurtda albatta mustahkam o‘rnashtiraman.” Egamiz shunday demoqda: “Men bu xalqning boshiga katta falokatni qanday yog‘dirgan bo‘lsam, va’da qilgan barcha ezguliklarimni ham ustilariga xuddi shunday yog‘diraman. Odamlar bu yurt haqida “Ha, yurtimiz Bobilliklarga taslim bo‘ldi, odamlar va hayvonlarsiz huvullab qoldi”, deb aytishyapti. Ammo shunday kun keladiki, bu yurtdagi dalalar yana sotiladigan bo‘ladi. Odamlar bu dalalarni kumushga sotib oladilar, guvohlar oldida vasiqalarga qo‘l qo‘yib, muhr bosadilar. Bunday hodisa Benyamin hududida, Quddus atrofida, Yahudo shaharlarida, qirlarda, g‘arbdagi qirlar etaklarida va Nagav cho‘lida sodir bo‘ladi. Axir, Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman.” Egamizning kalomi shudir. Yeremiyo soqchilar hovlisida qamoqda o‘tirganda, Egamiz unga ikkinchi marta O‘z so‘zini ayon qildi. Olamni yaratgan, yerga shakl berib o‘rnatgan, nomi Egamiz bo‘lgan Xudo shunday demoqda: “Menga iltijo qil, senga javob beraman. Sen hali bilmaydigan buyuk sirlarni senga aytaman.” Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Sizlar dushmanning qamal inshootlaridan va uning qilichidan saqlanmoqchi bo‘lib, shahringiz devorlarini mustahkam qildingiz. Buning uchun uylaringizni, hatto Yahudo shohlarining saroylarini buzdingizlar. Sizlar Bobilliklar bilan jang qilasizlar. Ular esa vayrona uylaringizni jasadlarga to‘ldiradilar. Men qahr–g‘azabga to‘lib, xalqimni qiraman! Xalqimning qabihliklari tufayli bu shahardan yuz o‘girdim. Shunga qaramay, bu shaharga yana shifo beraman, uni sog‘aytiraman. Aholisini sog‘–salomat qilib, cheksiz tinchlik va osoyishtalikdan bahramand etaman. Men Yahudo va Isroil xalqlarini yana farovonlikka erishtiraman, avvalgiday qayta bunyod etaman. Menga qarshi qilgan barcha gunohlaridan ularni poklayman. Bosh ko‘tarib, qilgan gunohlarini kechiraman. Yer yuzidagi hamma xalqlar oldida Quddus Menga shuhrat, quvonch va shon–sharaf keltiradi. Quddusga qilgan yaxshiligimni, uning ravnaqini ko‘rgan barcha ellarni qo‘rquv va titroq bosadi.” Egamiz shunday demoqda: “Sizlar, bu huvullagan shaharda na odam, na hayvon bor, deb aytasizlar. Aytganingiz ham bejiz emas. Yahudo shaharlari bilan Quddus ko‘chalari huvullab qolgan, u yerda na odam, na hayvon bor. Biroq u yerda siz yana bir bor quvonchu shodlik sadolarini, kelin–kuyov ovozlarini eshitasiz. Odamlar Egasining uyiga yana shukrona nazrlarini keltiradilar, shunday deb yana kuylaydilar: Shukrona ayting Sarvari Olamga, U yaxshidir! Uning sodiq sevgisi abadiydir! Men bu yurtni ilgarigi farovonligiga erishtiraman.” Egamizning kalomi shudir. Sarvari Olam shunday demoqda: “Odam va hayvonsiz huvullab qolgan bu joyda, yurtning hamma shaharlarida yana yaylovlar bo‘ladi, cho‘ponlar u yerda qo‘ylarini o‘tlatishadi. Qirlardagi shaharlarda, g‘arbiy qirlar etaklaridagi, Nagav cho‘lidagi va Benyamin hududidagi shaharlarda, Quddus atrofida, Yahudo shaharlarida cho‘ponlar yana qo‘ylarini sanaydigan bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Men Isroil va Yahudo xalqlariga bergan ezgu va’damni bajaraman. Va’damni bajaradigan kunlar yaqinlashib kelyapti. O‘sha kunlarda Men Dovud naslidan solih bir novdani yetishtiraman. Yurtda u adolatu to‘g‘rilik ila ish tutadi. O‘sha kunlarda Yahudo xalqi bexatar yashaydi, Quddus aholisi osoyishta hayot kechiradi. Quddus shahri “Egamiz najotkorimizdir” deb nom oladi.” Egamiz shunday demoqda: “Dovudning nasli Isroil taxtida abadiy o‘tiradi. Levi avlodidan bo‘lgan ruhoniylar esa huzurimda qurbonliklar kuydirib, don nazrlarini keltiradilar, ular abadulabad Menga qurbonliklar qiladilar.” Egamizning so‘zi Yeremiyoga ayon bo‘ldi. Egamiz shunday dedi: “Bordi–yu, birontangiz tun va kun bilan tuzgan amrimni buzishga qodir bo‘lsangiz, ularning tartibini o‘zgartira olsangiz, shundagina Men ham Dovud va Menga xizmat qilayotgan Levi avlodi bilan tuzgan ahdimni buzaman, Dovud sulolasini taxtdan tushiraman. Men qulim Dovud naslini va Menga xizmat qilayotgan Levi avlodini osmondagi yulduzlarday, dengizdagi qumday son–sanoqsiz qilaman.” Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi: “Bu odamlarning gapini eshitdingmi? Ular, Egamiz O‘zi tanlagan ikkita xalqni — Isroil va Yahudoni rad etdi, deb aytib yurishibdi. Bu odamlar xalqimdan shunchalik hazar qilishadiki, uni endi xalq deb tan olishdan or qilishyapti.” Egamiz shunday demoqda: “Men kun va tunga bergan amrimni, osmonu falak uchun o‘rnatgan qonun–qoidalarimni hech qachon o‘zgartirmayman. Shu singari Yoqub avlodini va qulim Dovud sulolasini rad etmayman. Men doimo Dovud naslidan shoh tanlayman. Uni Ibrohim, Is’hoq va Yoqub avlodining ustidan hukmron qilib qo‘yaman. Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman, ularga rahm–shafqat ko‘rsataman.” Bobil shohi Navuxadnazar o‘z lashkarlari, qo‘li ostidagi barcha shohliklaru xalqlar bilan birga Quddusga va uning yon–atrofidagi shaharlarga qarshi jang qilayotgan edi. Shunda Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Qani bo‘l, Yeremiyo, Yahudo shohi Zidqiyo huzuriga bor. Unga ayt: Egamiz shunday demoqda: “Men bu shaharni Bobil shohiga taslim qilaman, u shaharga o‘t qo‘yadi. Sen ham Bobil shohining qo‘lidan qochib qutula olmaysan. Odamlar seni tutib oladilar. Bobil shohining qo‘liga topshiradilar. Sen o‘z ko‘zing bilan Bobil shohini ko‘rasan, u sen bilan yuzma–yuz gaplashadi. Keyin seni Bobilga jo‘natib yuboradi. Biroq, ey Yahudo shohi Zidqiyo, Egamizning so‘zini eshit! Egamiz sen haqingda shunday demoqda: Sen qilichdan halok bo‘lmaysan. Tinchgina olamdan ko‘z yumasan. Odamlar ota–bobolaringni, sendan oldin o‘tgan shohlarni qanday dafn qilishgan bo‘lsa, ularning sharafiga qanday gulxan yoqishgan bo‘lsa, sening sharafingga ham shunday gulxan yoqishadi. Yig‘i–sig‘i qilib: “Voy, xojam!” deya marsiya aytishadi.” Egamizning kalomi shudir.” Yeremiyo payg‘ambar bularning hammasini Quddusda Yahudo shohi Zidqiyoga aytdi. Shu orada Bobil shohining lashkarlari Quddus, Laxish va Ozikah shaharlariga hujum qilayotgan edilar. Yahudoning mustahkam shaharlaridan o‘shalargina yovga hanuzgacha taslim bo‘lmagan edi. Shoh Zidqiyo Quddusdagi butun aholi bilan ahd qilib, ibroniy qullarini ozodlikka chiqarishni e’lon qilgandan keyin, Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi. Zidqiyo qilgan ahdga ko‘ra, hamma ibroniy qullariga va cho‘rilarga ozodlik berilishi lozim edi. Yahudiy birodarlarni qullikda tutish man etilgan edi. A’yonlar bilan butun xalq ahd shartlariga ko‘ndi. Ular o‘z qullari bilan cho‘rilarini ozod qilishga, ularni bundan keyin qul qilib olmaslikka rozi bo‘lgan edilar. Barcha quldorlar ahdga rioya qilgan holda, qullariga ozodlik berishdi. Keyinchalik esa o‘z fikrlaridan qaytib, ozod qilgan qul va cho‘rilarni majburlab, o‘zlariga yana qul qilib olishdi. Shunda Egamizning so‘zi Yeremiyoga ayon bo‘ldi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Men ota–bobolaringizni Misrdagi qullikdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd qilib, shunday degan edim: O‘zini sizga sotib, olti yil xizmat qilgan har bir ibroniy qulini ozod qilinglar.” Ammo ota–bobolaringiz aytganlarimga e’tibor bermadilar, Menga quloq solmadilar. Yaqinda esa sizlar tavba qilgan edingizlar. Mening nomim bilan atalgan uyimda — huzurimda turib, birodarlaringizni ozod qilishga ahd qilgan edingiz. Mening nazarimda bu ishingiz to‘g‘ri edi. Keyin esa sizlar fikringizdan qaytdingizlar. Meni badnom qildingizlar. O‘z xohishiga ko‘ra, ozod qilingan qulu cho‘rilaringizni qaytarib oldingizlar, ularni qul bo‘lishga majbur qildingizlar.” Egamiz shunday demoqda: “Sizlar Menga itoatsizlik qilib, yoru do‘stlaringizni, qo‘ni–qo‘shnilaringizni qo‘yib yubormadingiz, shuning uchun Men sizlarni qo‘yib yuboraman. Mana, urush, qahatchiligu o‘latga yo‘lingiz ochiq! Ahvolingizni dunyodagi barcha shohliklar ko‘rib, dahshatga tushadi. Ahdimni buzgan bu odamlarni Men jazolayman. Ular huzurimda ahd tuzgan edilar, buzoqni ikki qismga bo‘lib, ikki bo‘lagi orasidan o‘tgan edilar. Ammo ahd shartlariga rioya qilmadilar. Shuning uchun Men ularni bo‘g‘izlangan buzoqning holiga tushiraman. Buzoqning ikki bo‘lagi orasidan o‘tgan Yahudo a’yonlarini, Quddus ma’murlarini, saroy amaldorlarini, ruhoniylarini va xalq ommasini jazolayman. Ulardan qasdi borlarga o‘zlarini topshiraman, dushman qo‘liga beraman. Jasadlari qushlarga va yovvoyi hayvonlarga yem bo‘ladi. Yahudo shohi Zidqiyoni ham a’yonlari bilan birga dushman qo‘liga beraman, ulardan qasdi borlarga topshiraman. Vaqtinchalik chekingan Bobil shohining lashkarlariga ularni taslim qilaman. Men buyruq berib, Bobilliklarni bu shaharga qaytarib olib kelaman. Ular sizlarga hujum qiladilar. Shaharni qo‘lga olib, o‘t qo‘yadilar. Yahudo shaharlari vayron bo‘ladi, u yerda hech kim yashamaydi.” Egamizning kalomi shudir. Yo‘shiyo o‘g‘li shoh Yohayiqim hukmronlik qilgan davrda Egamiz O‘z so‘zini Yeremiyoga ayon qildi: “Qani bo‘laqol, Yeremiyo, Raxav xonadoni huzuriga borib, u yerdagi odamlar bilan gaplash. So‘ng Egang uyidagi yon xonalarning biriga ularni taklif qilgin–da, sharobdan quyib ber.” Men borib, Xavazzinyoning nevarasi — Yeremiyo o‘g‘li Yazaniyoni aka–ukalari bilan birga, hamma o‘g‘illarini va butun Raxav xonadonini chaqirib, Ma’badga boshlab keldim. Ularni Yixdaliyo o‘g‘li Xanon payg‘ambarning o‘g‘illariga qarashli xonaga olib kirdim. Bu xonaning yonida Ma’bad a’yonlarining xonasi, tagida esa Shallum o‘g‘li Masiyoning xonasi joylashgan edi. Masiyo Ma’bad darvozaboni bo‘lib xizmat qilar edi. Men dasturxonga idishlarni to‘ldirib sharob tortdim, piyolalar qo‘ydim. So‘ng Raxab nasliga: — Marhamat qilib, sharobdan ichinglar, — deb taklif qildim. Ular shunday dedilar: — Biz sharob ichmaymiz. Ajdodimiz Raxav o‘g‘li Yohunadov bizga shunday amr qilgan edi: “Zinhor sharob ichmanglar, bolalaringiz ham ichmasin. Uylar qurmanglar, ekin ekmanglar, uzumzorlar barpo qilmanglar, ularni o‘zingizga mulk qilib olmanglar. Ko‘chib borgan joyingizda uzoq vaqt yashay olishingiz uchun, chodirlarda kun kechiringlar.” Shuning uchun biz ajdodimizning amriga bo‘ysunib, hech qachon sharob ichmaymiz, xotinlarimiz ham, o‘g‘il–qizlarimiz ham sharob ichmaydilar. O‘zimiz uchun uylar qurmaymiz, bizda na uzumzor, na dala bor, na ekin ekamiz. Biz ajdodimiz Yohunadovning amriga itoat qilib, bir umr chodirlarda yashab keldik. Ammo Bobil shohi Navuxadnazar bu yurtga bostirib kelgandan so‘ng, Bobil va Oram lashkarlaridan qo‘rqib, Quddusga kelishga qaror qilgan edik. Shu sababdan hozir biz Quddusda yashab yuribmiz. Shundan so‘ng Yeremiyoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi. Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam unga shunday dedi: “Qani bo‘l, Yeremiyo, Yahudo xalqi va Quddus aholisining huzuriga borib, shunday deb ta’na qil: Sizlar o‘zi saboq olasizlarmi?! Menga itoat qilishni o‘rganasizlarmi o‘zi?! Ana, ko‘rib qo‘ying, Raxav nasli o‘z ajdodining amriga itoat qilgani uchun, bugunga qadar sharobni og‘ziga ham olmay yuribdi. Men esa sizlarga qayta–qayta gapirgan bo‘lsam ham, sizlar Menga itoat qilmadingizlar. Men payg‘ambar qullarimni oldingizga qayta–qayta jo‘natdim. Ular orqali sizlarni shunday deb ogohlantirgan edim: “Sizlarga va ota–bobolaringizga Men bergan bu yurtda yashay olishingiz uchun, yomon yo‘lingizdan qaytinglar. Turmush tarzingizni o‘zgartiringlar. Boshqa xudolarga ergashmanglar. Ularga xizmat qilmanglar.” Ammo sizlar quloq solmadingizlar, gapimga kirmadingizlar. Yohunadovning avlodi o‘z ajdodi buyurib ketgan amrni ijro etdi, bu xalq esa Menga itoat qilmadi.” Shuning uchun Isroil xalqining Xudosi, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Men Yahudo va Quddus aholisiga gapirgan edim, ammo ular gaplarimga quloq solmadilar, ularni chaqirgan edim, ammo Menga javob bermadilar. Shuning uchun O‘zim aytgan barcha balo–qazolarni ularning boshlariga yog‘diraman.” Raxav xonadoniga esa Yeremiyo shunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: Sizlar ajdodingiz Yohunadovning amriga itoat etdingiz, uning nasihatlarini rad etmay, aytganlarining hammasini bajardingiz, shuning uchun, Raxav o‘g‘li Yohunadov avlodidan bo‘lgan kishi huzurimda abadulabad xizmat qiladigan bo‘ladi.” Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olamning kalomi shudir. Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim hukmronligining to‘rtinchi yilida Yeremiyoga Egamizning shu so‘zi ayon bo‘ldi: “O‘rama qog‘oz ol. Isroil, Yahudo va barcha shohliklarga qarshi Men aytgan so‘zlarni yozib qo‘y. Senga ilk bor Yo‘shiyo davrida ayon qilgan so‘zimdan tortib, to bugunga qadar aytgan barcha gaplarimni yoz. Balki Yahudo xalqi Men boshlariga keltirmoqchi bo‘lgan falokatlar haqida eshitib, yovuz yo‘llaridan qaytar. Shunda Men ularning gunohu ayblarini kechiraman.” Yeremiyo Neriyo o‘g‘li Boruxni chaqirib, Egamizning aytgan hamma so‘zlarini yozdirdi. So‘ng Yeremiyo Boruxga tayinlab dedi: “ Egamizning uyiga kirish menga man etilgan. Shuning uchun ro‘za kuni sen o‘zing u yerga borasan. U yerdagi odamlarga men senga yozdirgan Egamizning so‘zlarini o‘rama qog‘ozdan o‘qib berasan. O‘sha kuni Yahudoning turli shaharlaridan kelgan xaloyiq Egamizning uyida bo‘ladi, ular ham o‘qiganingni eshitishsin. Balki ular Egamizga yolvorib, yovuz yo‘llaridan qaytishar. Axir, Egamiz qahru g‘azabini ularga sochishini e’lon qildi!” Neriyo o‘g‘li Borux Yeremiyoning aytganlarini to‘la–to‘kis bajardi. U Egamizning uyiga bordi, o‘rama qog‘ozga bitilgan Egamizning so‘zlarini o‘qidi. Bu voqea Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim hukmronligining beshinchi yili, to‘qqizinchi oyida sodir bo‘ldi. Quddus aholisi bilan Yahudo shaharlaridan kelgan butun xalq Egamizga bag‘ishlab ro‘za tutgan edi. Shunda Borux Egamiz uyining Yangi darvozasi yonidagi yuqori hovlida joylashgan Shofon o‘g‘li kotib Gamariyoning xonasidan turib, o‘rama qog‘ozga bitilgan Yeremiyoning so‘zlarini butun xalqqa ovoz chiqarib o‘qib berdi. Gamariyo o‘g‘li Mixiyo o‘rama qog‘ozga bitilgan Egamizning so‘zlarini eshitgach, darhol shoh saroyidagi kotibning xonasiga jo‘nadi. Barcha a’yonlar o‘sha yerda jamuljam bo‘lib o‘tirgan ekan: ular — kotib Elishama, Shamayo o‘g‘li Daloyo, Axbor o‘g‘li Elnatan, Shofon o‘g‘li Gamariyo, Xanoniyo o‘g‘li Zidqiyo va boshqa a’yonlar edilar. Borux o‘rama qog‘ozdan xalqqa o‘qib bergan barcha so‘zlarni Mixiyo ularga aytib berdi. A’yonlar Kushi o‘g‘li Shalamiyo avlodidan bo‘lgan Nataniyo o‘g‘li Yohudini Boruxning oldiga jo‘natib, shunday gapni aytib yubordilar: “Xalqqa o‘qib bergan o‘rama qog‘ozni olib, huzurimizga kelgin.” Neriyo o‘g‘li Borux o‘rama qog‘ozni olib a’yonlarning oldiga bordi. A’yonlar Boruxga: “Qani, o‘tir, bizga ham o‘rama qog‘ozdagi so‘zlarni o‘qib ber”, dedilar. Borux o‘qidi. A’yonlar eshitgan so‘zlaridan vahimaga tushib, bir–biriga qarab qoldilar. So‘ng Boruxga: “Bu haqda shohni xabardor qilishimiz zarur”, dedilar. Ular Boruxdan so‘radilar: — Bularni qayerdan olib yozding? Bu so‘zlarni senga aytgan mabodo Yeremiyo emasmi? — Ha, Yeremiyoning o‘zi aytib turdi, men esa uning aytganlarini siyoh bilan o‘rama qog‘ozga yozdim, — deb javob berdi Borux. — Yeremiyo bilan borib, biron joyga yashirinib olinglar, hech kim bu haqda bilmasin, — deb tayinlashdi a’yonlar. A’yonlar o‘rama qog‘ozni kotib Elishamaning xonasida qoldirdilar, o‘zlari esa shoh huzuriga borib, hamma gapni yetkazdilar. Shoh o‘rama qog‘ozni olib kelish uchun Yohudini jo‘natdi. Yohudi kotib Elishama xonasidan o‘rama qog‘ozni olib kelib, uni shohga va shoh huzuridagi a’yonlarga o‘qib berdi. Kech kuz. Shoh qishki saroyida o‘tirar, yonidagi manqalda o‘t yonib turar edi. Yohudi o‘rama qog‘ozdan uch–to‘rt ustunni o‘qib bo‘lishi bilanoq, shoh Yohayiqim kotibning pichoqchasi bilan o‘ramning o‘sha qismini qirqib, manqaldagi olovga tashlayverdi. U o‘rama qog‘ozning hammasini olovda yondirib bo‘lguncha shunday qilaverdi. O‘rama qog‘ozdagi so‘zlarni eshitgan shoh bilan xizmatkorlar qo‘rqmadilar, qayg‘udan kiyimlarini yirtmadilar. Elnatan, Daloyo va Gamariyo shohga yolvorib, o‘rama qog‘ozni yondirmang, deb iltimos qilgan bo‘lsalar ham, shoh ularga quloq solmadi. U shahzoda Yaraxmalga, Ozriyol o‘g‘li Sarayoga va Abdal o‘g‘li Shalamiyoga, Yeremiyo payg‘ambarni va kotib Boruxni tutib kelinglar, deb buyurdi. Egamiz esa Yeremiyo bilan Boruxni yashirib qo‘ygan edi. Yeremiyo Boruxga yozdirgan o‘rama qog‘ozni shoh yoqib yuborgandan keyin, Yeremiyoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi: “Yeremiyo, boshqa bir o‘rama qog‘oz ol. Unga Yahudo shohi Yohayiqim yondirib yuborgan avvalgi o‘rama qog‘ozdagi hamma so‘zlarni yoz. Yahudo shohi Yohayiqimga esa shunday deb ayt: Egamiz demoqda: — O‘rama qog‘ozda “ Bobil shohi albatta keladi, yurtni vayron qiladi, odamlaru hayvonlarni qirib tashlaydi”, deb yozilgani uchun, sen Yeremiyoga do‘q qilibsan, o‘rama qog‘ozni yoqib yuborishga jur’at etibsan. Shuning uchun, ey Yahudo shohi Yohayiqim, Egamiz sen haqingda shunday demoqda: Sening avlodingdan birontasi ham Dovud taxtida o‘tirmaydi. Sening jasadingni odamlar uloqtirib yuborishadi, o‘liging kunning jaziramasigda, tunning sovug‘ida qoladi. Men seni, sening avlodingu a’yonlaringni qilgan gunohlaringiz uchun jazolayman. O‘zim aytgan barcha falokatlarni sizlarning boshingizga, Quddus aholisi va Yahudo xalqining boshiga yog‘diraman, chunki sizlar Menga quloq solmadingizlar.” Yeremiyo boshqa bir o‘rama qog‘oz olib, Neriyo o‘g‘li kotib Boruxga berdi. So‘ng Yahudo shohi Yohayiqim yondirib yuborgan avvalgi o‘rama qog‘ozdagi barcha so‘zlarni unga yozdirdi. Ammo bu safar o‘ramga shunga o‘xshash mazmundagi ko‘p xabarlar qo‘shilgan edi. Bobil shohi Navuxadnazar Yo‘shiyo o‘g‘li Zidqiyoni Yohayiqim o‘g‘li Yohayixinning o‘rniga Yahudo shohi qilib tayinladi. Ammo na shoh, na a’yonlari, na yurtdagi xalq Egamizning Yeremiyo orqali aytgan so‘zlariga quloq solar edilar. Shoh Zidqiyo Shalamiyo o‘g‘li Yohuxal bilan Masiyo o‘g‘li ruhoniy Zafaniyoni Yeremiyo payg‘ambarning oldiga yuborar ekan, shu gaplarni ayttirib yubordi: “Iltimos, biz uchun Egamiz Xudoga iltijo qil.” Yeremiyo shu vaqtgacha qamoqqa olinmaganligi uchun, xalq orasida bemalol yurar edi. Shu orada fir’avn lashkarlari Misrdan chiqishdi. Quddusni qamal qilib turgan Bobilliklar bu xabarni eshitishgach, Quddusdan chekindilar. Shunda Egamiz so‘zini Yeremiyoga ayon qildi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Xudoning so‘zini bilmoqchi bo‘lib, ikkovingizni oldimga yuborgan Yahudo shohiga shunday deb ayting: Sizlarga yordam bermoqchi bo‘lib kelayotgan fir’avn lashkarlari o‘zlarining yurti — Misrga qaytib ketishadi. Bobilliklar esa Quddusga qaytib kelib, shaharga qarshi jang qiladilar. Ular shaharni qo‘lga olib, yondirib yuboradilar.” Egamiz yana shunday demoqda: “Bobilliklar endi qaytib kelishmaydi, deb o‘zlaringizni aldamanglar, chunki ular albatta qaytib kelishadi. Bordi–yu, sizlar Bobilliklarning butun lashkarini mag‘lub qilganingizda ham, ularning chodirlarida qolgan yaradorlar kelib, shahringizga o‘t qo‘ygan bo‘lardi.” Fir’avn lashkarlari yaqinlashib kelayotganligi uchun, Bobilliklar Quddusdan chekindilar. Shunda Yeremiyo Benyamin hududidagi xalq orasida o‘ziga tegishli yer ulushini ko‘rish uchun Quddus shahridan ketmoqchi bo‘ldi. U Quddusning Benyamin darvozasiga yetib olgach, soqchilar boshlig‘i Yiriyo: “Sen Bobilliklarning oldiga qochib ketmoqchisan”, deb uni qamoqqa oldi. Yiriyo Shalamiyoning o‘g‘li, Xanoniyoning nevarasi edi. “Yolg‘on! — dedi Yeremiyo — Men Bobilliklarning oldiga qochmoqchi emasman.” Ammo Yiriyo Yeremiyoning gapiga quloq solishni istamay, uni hibsga olib, a’yonlarning oldiga olib bordi. A’yonlar Yeremiyodan g‘azablanib, uni kaltaklashdi. So‘ng kotib Yo‘natanning zindonga aylantirilgan uyiga qamab qo‘yishdi. Shunday qilib, Yeremiyo uzoq vaqt zindon hujralaridan birida yotdi. Oradan vaqt o‘tdi. Shoh Zidqiyo Yeremiyoni saroyiga chaqirtirib: — Egamizdan biron xabar bormi? — deb yashirincha so‘radi. — Ha, bor, — dedi Yeremiyo. — Siz Bobil shohining qo‘liga tushasiz. Nega ular meni zindonga tashlashdi? Men a’yonlaringizga va bu xalqqa qarshi nima gunoh qilibman?! — dedi yana u. — “Bobil shohi sizga hujum qilmaydi, yurtimizga u tajovuz qilmaydi”, deb bashorat qilgan payg‘ambarlaringiz qani?! Yolvoraman, Olampanohim, iltijoimni rad etmang, meni kotib Yo‘natanning uyiga qaytarib yubormang. U yerda adoi tamom bo‘laman. Shoh Zidqiyo, Yeremiyoni soqchilar hovlisiga qamab qo‘yinglar, shaharda non qolmaguncha, har kuni unga novvoy rastasidan bittadan non olib beringlar, deb buyurdi. Shunday qilib, Yeremiyo soqchilar hovlisida qoldi. Matton o‘g‘li Shafatiyo, Pashxur o‘g‘li Gadaliyo, Shalamiyo o‘g‘li Yuxal va Malkiyo o‘g‘li Peshxur Yeremiyoning xalqqa aytgan shu so‘zlarini eshitgan edilar: “ Egamiz demoqda: Shaharda qolganlar qilichdan, qahatchilik va o‘latdan nobud bo‘ladilar. Bobilliklarning oldiga chiqqanlar esa tirik qoladilar. Bunday odamlar hech bo‘lmaganda o‘z jonlarini saqlab qoladilar.” Ular yana Egamizning Yeremiyo orqali aytgan shu so‘zlarni ham eshitgan edilar: Egamiz demoqda: “Bobil shohining lashkarlari albatta bu shaharni taslim qilib, qo‘lga kiritadilar.” A’yonlar shohga arz qilib: — Bu odamni yo‘q qilish kerak! — dedilar, — chunki u o‘zining bema’ni gaplari bilan shaharda qolgan jangchilaru odamlarning ruhini tushirmoqda. U xalqimizning foydasini emas, zararini ko‘zlamoqda. — Juda soz, — dedi shoh, — u bilan xohlaganingizni qiling. Men sizlarga monelik qila olmayman. A’yonlar Yeremiyoni ushlab, arqonlarga bog‘lab sardobaga tushirdilar. Soqchilar hovlisidagi bu suvsiz sardoba shahzoda Malkiyoga tegishli bo‘lib, sardobada balchiqdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Yeremiyo balchiqqa botib qoldi. Shoh saroyining amaldori Habashistonlik Obidmalek Yeremiyo sardobaga tashlanganligi haqida xabardor bo‘ldi. Shoh o‘sha paytda Benyamin darvozasidagi mahkamada edi. Obidmalek saroydan chiqdi–da, shohning oldiga borib dedi: — Shoh hazratlari, Yeremiyo payg‘ambarni sardobaga tashlagan odamlar qabihlik qilishibdi. Shaharda non qolmagan bo‘lsa, Yeremiyo u yerda ochlikdan o‘ladi–ku. Shoh Habashistonlik Obidmalekka shunday amr qildi: — Bu yerdan o‘ttizta odamni olginda, borib Yeremiyoni sardobadan chiqarib ol. Tag‘in u yerda o‘lib qolmasin. Obidmalek yoniga odamlarni olib, saroy xazinasining ostki qismida joylashgan xonaga kirdi. U yerdan eski–tuski kiyimlar va latta–putta topib, ularni arqonlarga bog‘lab, Yeremiyoga tushirdi. So‘ng Yeremiyoga dedi: “Arqon tanangizga botmasligi uchun, lattalarni arqon bilan qo‘ltig‘ingiz orasiga qo‘ying.” Yeremiyo aytilganday qildi. Odamlar Yeremiyoni arqonlar yordamida sardobadan chiqarib oldilar. Yeremiyo soqchilar hovlisida qoldi. Shoh Zidqiyo Yeremiyo payg‘ambarni chaqirtirdi, uni Egamiz Ma’badining uchinchi kirishida kutib oldi. — Sendan bir narsa so‘ramoqchiman, — dedi shoh. — Mendan hech narsa yashira ko‘rma. — Sizga haqiqatni aytsam meni o‘ldirishingiz aniq, — dedi Yeremiyo. — Sizga maslahat berganim bilan, baribir quloq solmaysiz. Shoh Zidqiyo Yeremiyoga maxfiy ravishda ont ichib dedi: — Bizga hayot baxshida etgan Xudo shohid, men seni o‘ldirmayman. Joningga qasd qilayotgan odamlarning qo‘liga ham seni topshirmayman. Shundan keyin Yeremiyo Zidqiyoga dedi: — Isroil xalqining Xudosi, Parvardigori Olam — Egamiz demoqda: Agar siz Bobil shohining a’yonlariga taslim bo‘lsangiz, o‘z joningizni saqlab qolasiz, bu shahar ham olovga yem bo‘lmaydi. Siz va butun xonadoningiz tirik qolasizlar. Bordi–yu, Bobil shohining a’yonlariga taslim bo‘lmasangiz, Bobilliklar bu shaharni yengib, unga o‘t qo‘yadilar, o‘zingiz ham ularning qo‘lidan qochib qutulolmaysiz. — Men Bobilliklar tomonga qochib o‘tgan yahudiylardan qo‘rqaman, — dedi shoh. — Bobilliklar meni ularning qo‘liga topshirishsa, ular meni xo‘rlashadi. — Topshirishmaydi, — dedi Yeremiyo. — Aytganlarimni qilib, Egamizning so‘ziga itoat qilsangiz, hammasi yaxshi bo‘ladi, joningizni saqlab qolasiz. Bordi–yu, taslim bo‘lishdan bosh tortsangiz, Egamiz menga vahiy orqali ayon qilganlari bajo bo‘ladi: Saroyingizda qolgan hamma ayollar Bobil shohining a’yonlari oldiga chiqariladi. O‘sha ayollar sizga shunday deyishadi: Ishongan do‘stlaringiz Sizni aldab, yengib ketishdi. Oyog‘ingiz loyga botganda, Ishongan do‘stlaringiz sizni tashlab ketishdi. Sizning xotinu bola–chaqalaringiz Bobilliklarning oldiga chiqariladi. Siz o‘zingiz ham Bobilliklarning qo‘lidan qochib qutula olmaysiz. Bobil shohi sizni qo‘lga tushirib, shaharni yondirib yuboradi.” — Suhbatimiz haqida hech kimga og‘iz ochma, aks holda o‘lasan, — dedi Zidqiyo Yeremiyoga. — Bordi–yu, a’yonlar sen bilan gaplashganimni bilib qolib, senga: “Shoh bilan nimalar haqida gaplashding? Bizdan biron narsani yashirmay ayt, bo‘lmasa o‘lasan”, — deb aytishsa, sen ularga: “Meni Yo‘natanning uyiga qaytarib yubormang, shohim, aks holda u yerda adoi tamom bo‘laman, deb iltijo qildim”, deya javob ber. A’yonlar Yeremiyoning oldiga kelib, uni so‘roqqa tutishdi. Yeremiyo shoh buyurgan gaplarni aytib, javob berdi. Shundan keyin a’yonlar unga boshqa savol bermadilar, chunki shoh bilan Yeremiyo orasida bo‘lgan suhbatni hech kim eshitmagan edi. Yeremiyo Quddus qulagan kunga qadar soqchilar hovlisida qoldi. Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining to‘qqizinchi yili, o‘ninchi oyida Bobil shohi Navuxadnazar Quddusga qarshi bor qo‘shini bilan kelib, shaharni qamal qildi. Zidqiyo hukmronligining o‘n birinchi yili, to‘rtinchi oyining to‘qqizinchi kunida Bobilliklar Quddus devorini yorib, shaharga kirdilar. Shahar qo‘lga olingach, Bobil shohining hamma a’yonlari shaharning O‘rta darvozasidagi mahkamalarda qo‘mondonlik qarorgohini joylashtirdilar. A’yonlarning orasida Nargalsharazar, Samgarnavu, bosh maslahatchi Sarsahim va amaldor Nargalsharazar bor edilar. Yahudo shohi Zidqiyo va uning hamma lashkarlari ularni ko‘rdilaru qochdilar. Ular yarim kechasi shohning bog‘i orqali o‘tib, ikki devor orasidagi darvozadan chiqdilar–da, Iordan vodiysiga qarab ketdilar. Ammo Bobil lashkarlari Zidqiyoning orqasidan quvib, Yerixo tekisligida ularga yetib olishdi. Ular Zidqiyoni qo‘lga olib, Xomat yurtidagi Rivlo shahriga — Bobil shohi Navuxadnazarning huzuriga olib borishdi. Shoh Navuxadnazar Zidqiyoni hukm qildi, Rivloda Zidqiyoning o‘g‘illarini ko‘zi oldida o‘ldirdi, so‘ng hamma Yahudo a’yonlarini qatl qildi. Zidqiyoning esa ko‘zlarini o‘yib, Bobilga olib ketish uchun kishanladi. Bobilliklar shoh saroyiga va odamlarning uylariga o‘t qo‘yib, Quddus devorlarini yiqitdilar. Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon shaharda qolgan butun xalqni, Bobil shohi tomonga o‘tgan qochoqlarni Bobilga asir qilib olib ketdi. U Yahudo yurtida hech vaqosi bo‘lmagan qashshoq odamlarnigina qoldirdi. O‘sha odamlarga dala va uzumzorlarni berdi. Shoh Navuxadnazar qo‘riqchilar sardori Nabizaradon orqali Yeremiyoga oid quyidagi amrni berdi: “Yeremiyoni qaramog‘ingizga olib, unga yaxshi qaranglar. Aslo zarar yetkazmanglar, sizlardan nima so‘rasa bajaringlar.” Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon, bosh nazoratchi Navushazbon, shoh maslahatchisi Nargalsharazar va Bobil shohining hamma bosh amaldorlari odam yuborib, Yeremiyoni qo‘riqchilar hovlisidan olib kelishini buyurdilar. Uni eson–omon uyiga eltib qo‘yish uchun, Gadaliyoga topshirdilar. Gadaliyo Oxixamning o‘g‘li, Shofoning nevarasi edi. Shunday qilib, Yeremiyo o‘z xalqining orasida qoldi. Yeremiyo soqchilar hovlisida qamoqda o‘tirganda, unga Egamizning so‘zi ayon bo‘lgan edi: “Habashistonlik Obidmalekning oldiga borib, shunday deb ayt: Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam aytmoqda, Men aytgan so‘zlarimni bajo qilaman. Bu shaharga yaxshilik emas, yomonlik keltiraman. Sen o‘zing buning guvohi bo‘lasan.” Egamiz yana shunday demoqda: “Lekin o‘sha kuni Men seni qutqarib qolaman. O‘zing qo‘rqadigan odamlarning qo‘liga seni bermayman. Seni, albatta qutqaraman, jangda halok bo‘lmaysan. Menga umid bog‘laganing uchun, joning omon bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Yeremiyoni Bobilga olib ketilayotgan Quddus va Yahudo asirlari orasidan zanjirband holda topib olib, uni Rama shahrida ozod qildi. Shundan so‘ng Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi. Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Yeremiyoni yoniga chaqirib shunday dedi: “Egang Xudo, bu yurtga falokat keltiraman, deb aytgan edi. Mana, hozirgi kunda Egang aytganini qilib, yurtingga falokat keltirdi, chunki sizlar Egangizga qarshi gunoh qildingizlar, Uning aytganini qilmadingizlar. Shu sababdan bunday kulfat boshingizga tushdi. Hozir men qo‘lingdagi kishanlarni yechaman, seni ozod qilaman. Agar men bilan Bobilga bormoqchi bo‘lsang, marhamat, senga yaxshi qarayman. Bordi–yu, Bobilga borishni istamasang, ixtiyoring o‘zingda. Mana, butun yurt sening ro‘parangda turibdi, xohlagan yeringga boraver. Bu yurtda qoladigan bo‘lsang, Oxixam o‘g‘li Gadaliyoning oldiga bor. Bobil shohi Gadaliyoni Yahudo shaharlariga hokim qilib tayinladi. Gadaliyo Shofon degan odamning nevarasidir. Sen uning yonida qolib, xalqing orasida yashashing mumkin yoki xohlagan joyingga borishing mumkin.” Qo‘riqchilar sardori Yeremiyoga yegulik bilan sovg‘a berib, ozod qildi. Yeremiyo Mispax shahriga — Oxixam o‘g‘li Gadaliyoning oldiga borib, yurtda qolgan odamlar orasida o‘rnashdi. Ba’zi yahudiy lashkarboshilari va jangchilar taslim bo‘lmagan edilar. Oxixam o‘g‘li Gadaliyoni Bobil shohi yurtga hokim qilib tayinlaganini, yurtda qolgan eng qashshoq erkak, ayollar va bolalarni Gadaliyening ixtiyoriga topshirganini ular eshitdilar. So‘ng Mispaxga kelib, Gadaliyoga uchrashdilar. Kelganlar — Nataniyo o‘g‘li Ismoil, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon, Tanxumat o‘g‘li Sarayo, Natufolik Efayning o‘g‘illari, Maxolik Yazaniyo va ularning lashkarlari edi. Gadaliyo kelganlarga va ularning odamlariga shunday deb, ont ichdi: “Bobilliklarga tobe bo‘lishdan qo‘rqmanglar. Yurtda o‘rnashib, Bobil shohiga xizmat qilaveringlar, shunda hammasi yaxshi bo‘ladi. Men esa Mispaxda qolaman. Keladigan Bobilliklarning oldida vakilingiz bo‘laman. Sizlar o‘rnashib olgan shaharlaringizda yashayverasizlar. Mevalarni yig‘ishtirib olinglar, sharob va zaytun moyini tayyorlab, g‘amlab qo‘yinglar.” Bobil shohi ba’zi odamlarga Yahudo yurtida qolishga ijozat berganini va Gadaliyoni hokim qilib tayinlaganini Mo‘ab, Ommon, Edom va boshqa yurtlarda yashayotgan yahudiylar ham eshitishdi. Shunda ular surgun qilingan hamma joylardan Yahudo yurtiga — Mispaxdagi Gadaliyoning oldiga qaytib kelishdi. U yerdan bir talay meva yig‘ishtirib, ko‘p sharob tayyorlashdi. Bir kuni Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon va qirlardagi lashkarboshilar Mispaxga Gadaliyoning oldiga kelib so‘radilar: “Ommon shohi Baalis sizni o‘ldirtirish uchun Nataniyo o‘g‘li Ismoilni yuborganidan xabaringiz bormi?” Ammo Gadaliyo ularga ishonmadi. Shunda Yo‘xanon hech kimga bildirmay Gadaliyoga dedi: “Ijozat bering, borib Ismoilni o‘ldiray. Bu haqda hech kim bilmaydi. Nima uchun u sizni o‘ldirishiga yo‘l qo‘yishimiz kerak? Bordi–yu, Ismoil niyatiga yetsa, atrofingizga yig‘ilgan barcha yahudiylar tarqalib ketadilar, Yahudoda qolgan odamlarning boshi esa baloga qoladi.” Ammo Gadaliyo: “Unday qilma! Ismoil haqida aytgan gaplaring yolg‘on”, dedi. O‘sha yilning yettinchi oyida shoh Zidqiyoning bosh lashkarboshilardan biri bo‘lgan Nataniyo o‘g‘li Ismoil o‘nta odami bilan birga Mispaxga — Oxixam o‘g‘li Gadaliyoning huzuriga bordi. Ismoil shoh urug‘idan bo‘lgan Elishamaning nabirasi edi. Gadaliyo kelganlar bilan birga dasturxon atrofida o‘tirib ovqatlanayotganda, Nataniyo o‘g‘li Ismoil va u bilan kelgan o‘nta odam qilichlarini yalang‘ochlab, Bobil shohi hokim qilib tayinlab ketgan Gadaliyoni chopib tashladi. Gadaliyo bilan birga Mispaxda bo‘lgan hamma yahudiylarni Ismoil qilichdan o‘tkazdi. U yerdagi Bobillik sipohlarni ham o‘ldirdi. Ertasi kuni Gadaliyo o‘ldirilganligi haqidagi xabar tarqalmay turib, Shakam, Shilo‘ va Samariyadan saksonta odam keldi. Ular qayg‘udan soqolini olgan, kiyimlarini yirtgan, tanalarini tilgan edilar. Ular don va tutatqilarni nazr qilish uchun Ma’badga ketayotgan edilar. Nataniyo o‘g‘li Ismoil ularni kutib olish uchun Mispaxdan yig‘lab chiqdi. Ularga yaqinlashgach: “Qani ichkariga, Gadaliyoning oldiga kiringlar”, dedi. [7-9] Ular shaharga kirishlari bilanoq, Ismoil bilan uning odamlari ularni ham qirib tashladilar. Ammo kelganlardan o‘ntasi Ismoilga yolvorib dedilar: “Iltimos, bizni o‘ldirma! Dalalarda yashirib qo‘ygan bug‘doy, arpa, zaytun moyi va asalimiz bor.” Ismoil ularni o‘ldirmay, hayotlarini asrab qoldi. O‘ldirgan odamlarning jasadlarini esa katta sardobaga tashladi. U jasadlarga to‘ldirgan bu sardobani Yahudo shohi Oso Isroil shohi Basho hujum qilgan paytda qurdirgan edi. *** *** Ismoil Mispaxda omon qolgan hamma odamlarni asir qilib oldi. Ularning orasida Bobillik qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Gadaliyoning ixtiyoriga topshirgan malikalar va Mispaxdagi hamma odamlar bor edi. Nataniyo o‘g‘li Ismoil ularning hammasini asir qilib, Ommon yurtiga jo‘nadi. Nataniyo o‘g‘li Ismoilning qilgan jinoyatlari haqida Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon va lashkarboshilar xabar topdilar. Ular bor odamlarini to‘plab, Ismoil bilan jang qilish uchun yo‘lga tushdilar. Ular Ismoilga Givondagi katta hovuz yoqasida yetib oldilar. Ismoilning asirlari Kariyox o‘g‘li Yo‘xanonni va uning yonidagi hamma lashkarboshilarni ko‘rib, xursand bo‘lib ketishdi. Ismoil Mispaxdan asir qilib olgan o‘sha odamlarning hammasi orqaga — Kariyox o‘g‘li Yo‘xanonning oldiga yugurib kelishdi. Nataniyo o‘g‘li Ismoil esa sakkizta odami bilan Yo‘xanondan qochib, Ommon yurtiga ketdi. Shunday qilib, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon va uning lashkarboshilari Mispaxdagi fojiada omon qolgan ayolu bola–chaqalarni, saroy amaldorilariyu jangchilarni Gadaliyoning qotili Ismoilning qo‘lidan ozod qildilar. Ularni o‘zlari bilan Givondan olib ketdilar. [17-18] Yo‘xanon lashkarlari Bobilliklardan qo‘rqqanlari uchun, Misrga yo‘l oldilar. Chunki Bobil shohi yurtga hokim qilib tayinlagan Gadaliyoni Ismoil o‘ldirgan edi. So‘ng hammasi yo‘lda Baytlahm yonidagi Ximxam qo‘nolg‘asida to‘xtadilar. Hamma lashkarboshilar, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon, Ho‘shayyo o‘g‘li Ozariyo va kattayu kichik odam Yeremiyoning oldiga borib, shunday dedilar: “Iltimos, bir og‘iz gapimizga quloq soling. Egangiz Xudoga biz uchun ibodat qiling, tirik qolganlar uchun so‘rang. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, ilgarilari biz nihoyatda ko‘pchilik edik, endi esa sanoqli odam qoldik. Biz qayerga borishimizni, nima qilishimizni Egangiz Xudo bizga ko‘rsatsin.” Yeremiyo payg‘ambar ularga shunday javob berdi: “Yaxshi, iltimosingizga binoan Egamiz Xudoga ibodat qilaman. Egamiz nimaiki desa hammasini sizlarga aytaman, hech narsani sizlardan yashirmayman.” Ular esa Yeremiyoga shunday dedilar: “Agar biz Egangiz Xudoning siz orqali aytgan bironta so‘ziga rioya qilmasak, Uning O‘zi oramizda adolatli va sadoqatli shohid bo‘lsin. Biz Egamiz Xudoning hamma amrlariga, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iy nazar, itoat qilamiz. Egamiz Xudoga itoat qilsak, hammasi yaxshi bo‘ladi.” Oradan o‘n kun o‘tdi. Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi. Yeremiyo Kariyox o‘g‘li Yo‘xanonni, lashkarboshilarni va odamlarning kattayu kichigini to‘plab, ularga shunday dedi: — Men iltimosingizga binoan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga iltijo qildim. U menga shunday dedi: “Endi shu yurtda qolsangizlargina Men sizlarni barbod qilmayman, balki qayta bunyod etaman, qo‘porib tashlamayman, balki mustahkam o‘rnashtiraman. Sizlarning boshingizga falokat keltirganimdan pushaymonman.” Egamiz shunday deb aytdi: “Bundan buyon Bobil shohidan qo‘rqmanglar. Men sizlar bilan birgaman. Shunday ekan, undan qo‘rqmanglar. O‘zim sizlarni qutqaraman, uning qo‘lidan ozod qilaman. Men sizlarga rahm–shafqat qilaman. Bobil shohi sizlarga achinib, ona yurtingizga o‘rnashtiradi.” Ammo Egangiz Xudoga bo‘ysunmay: “Bu yerda qolmaymiz. Misrga ketamiz, u yerda urush ko‘rmaymiz, burg‘u sadolarini eshitmaymiz, nonga zor bo‘lmaymiz, u yerda yashaymiz”, deb aytadigan bo‘lsangizlar, ey Yahudo xalqining omon qolganlari, Egamizning so‘zini eshitib qo‘yinglar! Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Agar sizlar Misrga borib, u yerda o‘rnashib olishni qaror qilgan bo‘lsangizlar, o‘sha yerga borganingizda o‘zlaringiz qo‘rqayotgan urushga duch kelasizlar. Sizlar ocharchilikdan qo‘rqyapsizlar, ammo ocharchilik ketingizdan Misrga ergashib boradi, u yerda nobud bo‘lasizlar. Misrga borib, u yerda o‘rnashib olishga jazm qilgan har bir kishi qilichdan, ocharchilik va o‘latdan nobud bo‘ladi. Unday odamlardan birontasi ham tirik qolmaydi, Men ularning boshlariga keltiradigan kulfatdan hech kim qochib qutulmaydi.” Isroil xalqining Xudosi Sarvari Olam shunday demoqda: “Agar sizlar Misrga borgudek bo‘lsangizlar, Men Quddus aholisiga yog‘dirgan qahrimni Misrda sizlarning ustingizga yog‘diraman. Ahvolingizni odamlar ko‘rganda dahshatga tushadi. Sizlarni mazax qilib, nomingizni qarg‘ishlarda ishlatishadi. Sizlar bu yurtni boshqa hech qachon ko‘rmaysizlar.” Ey, Yahudo xalqining omon qolganlari, Egamiz sizlarga, Misrga bormanglar, deb aytdi. Bilib qo‘yinglar, bugun men sizlarni ogohlantirib qo‘yyapman, sizlar katta xato qilyapsizlar. O‘zlaringiz meni Egangiz Xudoning oldiga jo‘natib: “Iltimos, Egamiz Xudoga iltijo qil, Egamiz Xudo nima desa, hammasini qilamiz”, degan edingizlar. Egangiz Xudoning menga aytgan hamma so‘zlarini bugun sizlarga aytdim, ammo sizlar Uning aytgan bironta so‘ziga itoat qilishni xohlamayapsizlar. Sizlarga aytib qo‘yay: bormoqchi bo‘layotgan joyingizda sizlar qilichdan, ocharchilik va o‘latdan nobud bo‘lasizlar. Yeremiyo Egasi Xudo o‘ziga ayon qilgan bu so‘zlarning hammasini butun xalqqa aytib bo‘lgach, Ho‘shayyo o‘g‘li Ozariyo, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon va boshqa surbetlar Yeremiyoga shunday dedilar: “Yolg‘on gapiryapsan! Egamiz Xudo senga, Misrga borib yashamanglar, deb aytmagan. Neriyo o‘g‘li Borux seni gijgijlab yuribdi. U bizni Bobilliklarning qo‘liga tushirib, halok qilmoqchi yoki surgun qilib yubormoqchi.” Shunday qilib, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon, lashkarboshilar va butun xalq Egamizning amriga itoat qilmadilar, ular Yahudo yurtida qolishdan bosh tortdilar. Yahudoga turli yurtlardan qaytib kelgan hamma odamlarni Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon va lashkarboshilar o‘zlari bilan olib ketdilar. Bulardan tashqari, ular qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Oxixam o‘g‘li Gadaliyo yonida qoldirib ketgan hamma erkagu ayollarni, bola–chaqa, malikalar, Yeremiyo payg‘ambar va Neriyo o‘g‘li Boruxni ham o‘zlari bilan olib ketdilar. Ular Egamizning amriga itoat qilmay, Misrga jo‘nab, Taxpanxas shahriga yetib bordilar. Taxpanxasda Yeremiyoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi: “ Yahudiylarning ko‘zi oldida katta toshlarni ol. Bu toshlarni Taxpanxas shahridagi fir’avn saroyining kiraverishiga, hovlidagi g‘isht yo‘lagi ostiga ko‘mib qo‘y. So‘ng yahudiylarga shunday deb ayt: Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: Men Bobil shohi qulim Navuxadnazarni bu yerga olib kelaman. U mana shu ko‘milgan toshlarning ustiga taxtini o‘rnatib, shohona chodirini tikadi. U kelib Misrni vayron qiladi, har bir odam peshanasidagini ko‘radi: Ba’zilar o‘latga yo‘liqib, nobud bo‘ladi, Ba’zilar asirlikka tushib, surgun qilinadi, Ba’zilar qilichdan o‘tkaziladi. Mening amrim bilan Navuxadnazar Misr xudolarining sajdagohlariga o‘t qo‘yadi. Ba’zi butlarini yondiradi, ba’zilarini o‘zi bilan olib ketadi. Qo‘ychivon to‘nini bit–burgadan astoydil tozalaganday, Navuxadnazar ham Misr yurtini qirtishlab tozalaydi. So‘ng sog‘–salomat o‘z yurtiga qaytib ketadi. U Misrdagi Quyosh sajdagohiga o‘rnatilgan butsimon toshlarni buzib tashlaydi. Misr xudolarining sajdagohlarini yoqib yuboradi.” Misrning shimolidagi Migdol, Taxpanxas va Nuf shaharlarida, shuningdek Misrning janubida istiqomat qilayotgan yahudiylar to‘g‘risida Yeremiyoga Egamiz shu so‘zini ayon qildi: “ Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: — Men Quddus va Yahudoning hamma shaharlariga keltirgan barcha falokatlarni sizlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizlar. O‘sha shaharlar hozir xarob bo‘lib, huvullab yotibdi. Yahudo odamlari qabih ishlari bilan Meni g‘azablantirdilar. Ular begona xudolarga sig‘inib, qurbonliklar kuydirdilar. Bu begona xudolarni na ularning o‘zlari, na sizlar, na ota–bobolaringiz biladilar. Men Yahudo xalqi oldiga payg‘ambar qullarimni qayta–qayta jo‘natdim. “Men nafratlanadigan jirkanch ishlaringizni qilmanglar” deb xalqimdan o‘tingan edim. Ammo Yahudo xalqi quloq solmadi, gaplarimga e’tibor ham bermadi. Qabihliklaridan qaytmadi, begona xudolarga qurbonliklar qilishda davom etdi. Shunda achchiq g‘azabim Yahudo shaharlari bilan Quddus ko‘chalariga lovullagan olov bo‘lib tushdi. Hozir o‘sha joylar huvullab, tashlandiq bo‘lib yotibdi.” Endi Isroil xalqining Xudosi, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Nega o‘z boshingizga bunday falokat keltirmoqchisizlar?! Yahudo yurtidan kelgan erkagu ayol, bola–chaqaning boshiga yetib, hammangiz bitta qolmay qirilib ketmoqchimisizlar?! Sizlar Misrda o‘rnashib olib, begona xudolarga qurbonliklar qilyapsizlar. Qilmishlaringiz bilan jahlimni chiqaryapsizlar. Ehtiyot bo‘linglar, yana boshingizga falokat tilab olmanglar. Dunyo xalqlarining qarg‘ishiga qolib, hammaga kulgi bo‘lib qolmanglar. Yahudo shaharlarida va Quddus ko‘chalarida qilgan qabihliklaringizni unutdingizmi?! Bularni ota–bobolaringiz, Yahudo shohlariyu malikalari, o‘zlaringiz va xotinlaringiz qilgansizlar–ku! Mana bugungacha sizlar Mendan zarracha ham qo‘rqmadingizlar, nadomat qilmadingizlar. Sizlar ota–bobolaringizga bergan qonun–qoidalarim bo‘yicha yashamayapsizlar.” Shuning uchun Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: “Men boshingizga ofatu falokat keltiraman. Yahudo xalqini yo‘q qilishga qat’iy qaror qildim. Misrda yashashga qaror qilgan yahudiylarning omon qolganlarini halok etaman. Hammasi Misrda o‘lib ketadi. Kattayu kichigi qilich va qahatchilikdan nobud bo‘ladi. Ularning ahvolini ko‘rganlar vahimaga tushadi. Ularni mazax qilib, nomini qarg‘ishlarda ishlatishadi. Misrda yashagan o‘shalarni Men Quddusni jazolaganday, urush, qahatchilik va o‘lat ila jazolayman. Misrda yashayman, deb kelgan yahudiylarning omon qolganlaridan birontasi qochib qutula olmaydi. Ulardan hech kim tirik qolmaydi, Yahudo yurtiga qaytib borolmaydi. O‘z yurtiga qaytib borishni orzu qilgan odamlardan faqatgina bir–ikki qochoq ona yurtiga qaytib borishga muvaffaq bo‘ladi.” Xotinlari boshqa xudolarga qurbonlik keltirganini bilgan erkaklar, o‘sha yerda turgan ayollar — Misrning shimoliy va janubiy hududida yashagan yahudiylarning ko‘pchiligi bir ovozdan Yeremiyoga shunday dedilar: “Sen Egamizning nomidan bizga bashorat qilib aytgan so‘zlaringga quloq solmaymiz. Biz Samo Qirolichasiga qurbonliklar qilamiz, sharob nazrini keltiramiz, deb ont ichganmiz, bu ontimizdan qaytmaymiz. Biz o‘zlarimiz, ota–bobolarimiz, shohlarimiz, a’yonlarimiz Yahudo shaharlarida, Quddus ko‘chalarida nima qilgan bo‘lsak shuni qilaveramiz. Nega desangiz, o‘sha zamonlarda biz istaganimizcha non yer edik, turmushimiz farovon edi, g‘am chekmas edik. Ammo Samo Qirolichasiga qurbonliklar qilishni va sharob nazrini keltirishni to‘xtatganimizdan beri yetishmovchilikdan boshimiz chiqmaydi. Qancha odamlarimiz ocharchilikdan o‘lib, urushda qirilib ketdi.” Xotinlar ham shunday deb aytdilar: “Biz Samo Qirolichasiga qurbonliklar qilaveramiz, sharob nazrlarini keltiraveramiz! Samo Qirolichasiga sharob nazr qilishimizni, uning shaklida nonlar yopishimizni erlarimiz biladi–ku!” So‘ng Yeremiyo bunday javob bergan erkagu ayollarga va butun xaloyiqqa dedi: “Sizlar, ota–bobolaringiz, shohlaringiz, a’yonlaringiz, butun yurt xalqi Yahudoda va Quddus ko‘chalarida boshqa xudolarga nazrlar keltirgan edingizlar. Bu nazrlaringizni Xudo unutgan, deysizmi?! Yoki Uning bundan xabari yo‘q, deb o‘ylaysizmi?! Egamiz yovuz qilmishlaringizga, jirkanch ishlaringizga ortiq toqat qila olmagani uchun, hozir yurtingiz huvullab, tashlandiq bo‘lib yotibdi. Odamlar yurtingizning nomini qarg‘ishlarda ishlatishmoqda. Axir, sizlar begona xudolarga qurbonliklar keltirib, Egamizga qarshi gunoh qildingizlar. Egamizga itoat etmadingizlar, Uning qonun–qoidalarini va shartlarini bajarmadingizlar. Shuning uchun bu ko‘rgilik boshingizga keldi. Shularning oqibatida hozir shu ahvolga tushib yuribsizlar.” Yeremiyo ularning hammasiga, ayniqsa, xotinlarga qarata shunday dedi: “Ey Misr yurtidagi yahudiylar, Egamizning so‘zini eshitinglar. Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: Sizlar xotinlaringiz bilan birga “Samo Qirolichasiga albatta qurbonliklar qilamiz, sharob nazrlarini keltiramiz”, deb ont ichibsizlar. Ontingizni ham bajaribsizlar. Juda soz, aytganingizni qilaveringlar! Ichgan ontingizdan aslo qaytmanglar! Lekin, ey Misr yurtida yashab yurgan yahudiylar, Egangizning shu so‘zini eshitib qo‘yinglar: “Men O‘zimning buyuk nomim bilan ont ichib aytamanki, bundan buyon Misr yurtidagi bironta yahudiy Mening nomimni tilga olmaydi, “ Egam Rabbiy shohid” deya ont ichmaydi. Men ularning boshiga yaxshilik emas, yomonlik keltiraman. Misrdagi yahudiylarning hammasi, bitta ham qolmay qilichdan va ocharchilikdan nobud bo‘lishadi. Bir–ikkitagina odam qirg‘indan qochib, Misrdan Yahudoga qaytib boradi. O‘shanda Misrga yashagani borgan yahudiylarning hammasi kimning so‘zi haq bo‘lib chiqqanini — Mening so‘zimmi yoki ularnikimi bilishadi.” Egamiz shunday demoqda: “Men sizlarni mana shu yerda jazolayman. Aytganlarimning hammasi bajo bo‘lishiga ishonch hosil qilishingiz uchun, sizlarga shunday bir alomat beraman: Men Yahudo shohi Zidqiyoni uning ashaddiy dushmani bo‘lgan Bobil shohi Navuxadnazarga taslim qilganimday, Misr fir’avni Xofrani ham uning joniga qasd qilayotgan dushmaniga taslim qilib beraman.” Egamizning kalomi shudir. Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim hukmronligining to‘rtinchi yili edi. Yeremiyo yuqoridagi so‘zlarni Neriyo o‘g‘li Boruxga aytib, o‘rama qog‘ozga yozdirgandan so‘ng, unga shunday dedi: Ey Borux, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz sen haqingda shunday dedi, sen: “Sho‘rim qursin! Egam qayg‘u ustiga qayg‘u orttirdi, yurak–bag‘rim ezilib ketdi, jonimni qo‘yarga joy topolmayapman”, deb aytgan ekansan. Shuning uchun Egamiz senga shunday gaplarni aytib qo‘yishimni buyurdi: “Men butun yurt bo‘ylab bunyod qilgan hamma narsamni buzib tashlayman, mustahkam qilib o‘rnatganlarimni qo‘porib tashlayman. Sen o‘zing uchun katta rejalar tuzma! Mana, Men barcha odamzodning boshiga kulfat yog‘diraman. Ammo sening joningni saqlab qolaman, borgan joyingda seni asrayman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz xalqlar haqida Yeremiyoga O‘z so‘zini ayon qildi. Bu Misr haqida bashorat edi. Aniqrog‘i, Misr fir’avini Nexoning lashkarlari to‘g‘risida edi. Ular Furot daryosi bo‘yidagi Karxamish shahrida qarorgoh qurgan edilar. ( Yahudo shohi Yo‘shiyo o‘g‘li Yohayiqim hukmronligining to‘rtinchi yilida Bobil shohi Navuxadnazar bu lashkarlarni mag‘lub qildi). “Kattayu kichik qalqonlarni tayyor tuting! Qani, endi jangga kiring! Otlarga egar uring, Chopqir otlarni mining! Dubulg‘alarni kiyib oling, Jangovar holatga turing. Nayzalarni o‘tkirlang, Sovutlarni kiyib oling! Nimalarni ko‘ryapman?! Misr lashkari vahimaga tushdi, Ular orqaga chekindi, Jangchilari tor–mor bo‘ldi. Ular orqaga qaramay shoshilib qochdilar. Atrofni dahshat qamradi.” Egamizning kalomi shudir. Chaqqonlar qocha olmaydilar, Sipohlar qochib qutulolmaydilar. Ular shimolda, Furot daryosi bo‘yida Qoqilib yiqilib tushadilar. Kim u Nil daryosiday qirg‘og‘idan chiqib ketgan?! Kim u suvlari toshqin daryo kabi bo‘lib qolgan?! Misr Nilday haddidan oshgan, Suvlari toshqin daryoga o‘xshab qolgan. U aytadi: “Men ko‘tarilib, yer yuzini qoplayman, Shaharlarni vayron qilaman, Aholisini qirib tashlayman.” Ey otliqlar, hujum qiling! Jang aravalarini uchirtiring! Ey qalqon tutgan Habashistonliklaru Liviyaliklar, Ey kamon ushlagan Lidiyaliklar, Qani, jangga kiring! Axir, bu Sarvari Olam — Rabbiyning kunidir. Bu kun qasos kuni bo‘ladi, Xudo dushmanlaridan o‘ch oladi. Uning qilichi to‘yguncha et yeydi, Chanqog‘i bosilguncha qondan ichadi. O‘sha kuni Furot bo‘yidagi shimoliy yurtda, Sarvari Olam — Rabbiy yovlarini qurbon qiladi. Ey, bokira qiz Misr, Giladga bor, malham olgin. Ammo sen bekorga dori–darmon yig‘asan, Baribir dardingga shifo topmaysan. Xalqlar sharmanda bo‘lganingni eshitdi, Faryodlaring bilan yer yuzini to‘ldirding. Jangchilaring bir–biriga urildi, Hammasi mag‘lub bo‘lib yiqildi. Bobil shohi Navuxadnazar Misrga hujum qilishi haqida Yeremiyoga Egamizning quyidagi so‘zi ayon bo‘ldi: Misrda shunday deb e’lon qilgin, Migdol shahrida shunday deb xabar bergin, Nuf va Taxpanxas shaharlarida jar solib aytgin: “Joylaringizni egallang! Jangga shay turing! Zero, qilich atrofdagi hammani qiradi.” Jangchilaringiz mag‘lub bo‘ladi! Ular bardosh bera olmaydi. Zero, Egamizning O‘zi ularni uradi. Ular qayta–qayta qoqiladilar, Bir–birining ustiga yiqiladilar. Shunda o‘zlariga o‘zlari aytadilar: “Qani, bo‘linglar, Xalqimizning oldiga qochib qolaylik! Kindik qonimiz to‘kilgan yurtga boraylik. Bu qirg‘indan qochib qutulaylik.” Ular shunday deb baqiradilar: “ Fir’avn katta gapirdi, Ammo fursatni qo‘ldan boy berdi.” Xudo Shohdir, Sarvari Olamdir Uning nomi. U shunday demoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki, Sizlarga qarshi bir g‘anim kelayotir. U tog‘lar orasidagi Tovur tog‘iday zabardast, Dengiz bo‘yidagi Karmil tog‘iday ulkan. Ey qiz Misr, Tuguningni yiqqin, Surgunga ketishga hozirlangin! Ana, Nuf shahri vayron bo‘ladi, Kimsasiz, huvullab qoladi. Misr chiroyli bir g‘unajinga o‘xshaydi, Ammo shimol so‘nasi unga yopiriladi. Misrning yollanma askarlari Boqilgan buzoqlarga o‘xshaydi. Ammo kulfat kuni kelganda, Jazo oladigan vaqti yetganda, Ularning hammasi orqaga qochadi, Dushman qarshisida chekinadi. “Bostirib kelayotgan dushman dastidan Misr qochayotgan ilonday vishillaydi. Dushmanlar daraxt kesuvchilar kabi Bolta ko‘tarib, Misrga hujum qilishadi.” Egamiz shunday demoqda: “Misrning o‘rmoni qalin bo‘lsa–da, Dushmanlar uni kesib tashlaydi. Axir, dushmanlar chigirtkadan ham ko‘p, Sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qiz Misr sharmanda bo‘ladi, Shimoldagi xalqning qo‘liga tushadi.” Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Men No‘ shahrining xudosi Omonni jazolayman. Fir’avnning, Misrning, u yerdagi shohlar va xudolarning, fir’avnga umid bog‘lagan hammaning adabini beraman. Ularning jonlariga qasd qilayotgan Bobil shohi Navuxadnazarning va a’yonlarining qo‘liga beraman. Ammo vaqt o‘tib, Misrda ilgarigidek odamlar yashaydigan bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. “Ey qulim Yoqub, qo‘rqma! Ey Isroil xalqi, sarosimaga tushma! Men seni olis yurtdan ozod qilaman, Naslingni surgun bo‘lgan mamlakatdan qutqaraman. Ey Yoqub nasli, sen yurtingga qaytasan, Osoyishta va bexatar yashaysan. Endi hech kim seni qo‘rqitmaydi.” Egamiz shunday demoqda: “Sen, ey qulim Yoqub, qo‘rqma, Men sen bilan birga bo‘laman. Seni xalqlar orasiga tarqatib yuborgan edim, Endi o‘sha xalqlarning hammasini qirib tashlayman. Seni esa qirib yubormayman, Ammo jazosiz ham qoldirmayman. Adolat ila jazoingni beraman.” Fir’avn G‘azo shahriga hujum qilishidan oldin, Filist xalqi haqida Egamizning shu so‘zlari Yeremiyoga ayon bo‘ldi: Egamiz aytmoqda: — Qarang, shimolda dushmanlar to‘planmoqda, Ular suvga o‘xshab ko‘pirib kelmoqda. Jo‘shqin daryo kabi toshib hovliqmoqda. Ular to‘fonday butun yurtni bosib ketadi, U yerdagi hammani — Shaharlar va odamlarni cho‘ktiradi. Xalq dodu faryod qiladi, Yurt aholisi fig‘on chekadi. Ot tuyoqlari tasir–tusur uradi, Aravalar taraq–turuq qiladi, G‘ildiraklar gursullaydi. Erkaklar ichidan zil ketadilar. Hatto bolalarini qutqargani ham Ular orqaga qaytmaydilar. Ha, o‘sha kun keladi, Filist xalqi qirib tashlanadi! Omon qolgan ittifoqchilari yo‘q qilinadi. Tir va Sidon shaharlariga yordam kelmaydi, Xafto‘r sohillaridan kelgan Filistlarni Egamizning O‘zi yo‘q qiladi. G‘azo aholisi qayg‘udan sochlarini oldiradi, Ashqalon odamlarining dami ichiga tushib ketadi. Ey, Filist zabardastlaridan omon qolganlari! Qachongacha g‘am chekib, badaningizni tilasiz?! “Sho‘rim qursin! Ey Egamning qilichi! Qachon tinib–tinchiysan sen?! Bo‘ldi yetar, tinchlanaqol! Qiningga kir, damingni ol!” Evoh, Egamning O‘zi amr etgan bo‘lsa, Qanday dam olsin u qilich?! “Ashqalon shahriga va sohilga hujum qil” degan bo‘lsa, Qanday tinchlansin u qilich?! Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam Mo‘ab haqida shunday demoqda: “Navo aholisining holiga voy! Ularning shahri xarob bo‘ladi. Xiratayim sharmandalarcha mag‘lub bo‘ladi, Uning qal’asi uyatga qoladi, Yer bilan yakson qilinadi. Mo‘abning dovrug‘idan asar ham qolmaydi. Dushman Xashbon shahrini qo‘lga kiritadi, Mo‘ab xalqini ildizidan quritishni reja qiladi. Madmon shahrida sukunat hukm suradi, Qilich uning iziga tushadi. Ana, Xo‘ronaymdan faryod eshitilmoqda! “Xonavayron bo‘ldik!” deya xitob qilishmoqda. “Mo‘ab vayron bo‘ldi–ku!” deya dodlashmoqda. Go‘daklari bo‘g‘ilib yig‘lamoqda. Odamlar achchiq–achchiq yig‘lab, Luxit tepaligiga chiqishadi. Hatto Xo‘ronaymga tushish yo‘lida Achchiq fig‘on ovozlari eshitiladi. Tezroq qoching! Cho‘ldagi yulg‘unday Joningizni saqlab qolishga tirishing! Ey Mo‘ab, sen kuch va boyligingga tayanding, Endi esa mag‘lub bo‘lasan. Xudoying Xamo‘sh surgun qilinadi, Ruhoniylaringu a’yonlaring asir qilib olib ketiladi. Har bir shahringga vayron etuvchi keladi, Birorta shahring omon qolmaydi. Vodiy vayron qilinadi, Yassi tepalik yakson etiladi.” Egamizning kalomi shudir. Mo‘ab uchun qabr toshi tayyorlang, Ko‘p o‘tmay Mo‘ab yo‘q bo‘ladi. Shaharlari vayron qilinadi, Hammasi huvullab qoladi. Egamizning ishidan bo‘yin tovlagan kishi la’nati bo‘lsin! Qon to‘kishdan o‘zini tiygan bunday kishi la’nati bo‘lsin! Mo‘ab yoshligidan bexatar o‘sgan, Tindirilgan sharob kabi tinch yashagan. Go‘yo bir idishdan boshqasiga quyilmagan, Hech qachon o‘z yurtidan surgun bo‘lmagan. Shu bois uning ta’mi o‘zgarmagan, Muattar hidi saqlanib qolgan. Egamiz shunday demoqda: “Ammo shunday kunlar kelmoqdaki, Men Mo‘abga qarshi odamlarni jo‘nataman. Ular Mo‘abni sharob to‘kkanday to‘kib tashlaydilar. Idishlarini bo‘shatib, chilparchin qiladilar. Mo‘ab xalqi o‘z xudosi Xamo‘sh dastidan sharmanda bo‘ladi, Isroil xalqining holiga tushadi. Axir, Isroil ham Baytildagi buzoqqa inonib, Sharmandayi sharmisor bo‘lgan edi–ku! “Biz qahramonlarmiz, Jasur jangchilarmiz”, deb Aytishga qanday haddingiz sig‘di? Xudo Shohdir, Sarvari Olamdir Uning nomi. U shunday demoqda: “Mo‘ab vayron bo‘ladi, Shaharlari bosib olinadi. Eng sara yigitlari qirib tashlanadi. Mo‘abga kulfat yaqinlashmoqda, Falokat unga yelday uchib kelmoqda. Ey Mo‘ab qo‘shnilari, qayg‘uringlar, Ey Mo‘abni taniganlar, motam tutinglar. Aytinglar: “Evoh, saltanat hassasi sindi. Qudratli va ulug‘vor hassa parchalandi.” Ey Dibonda yashaganlar, To‘rdagi o‘rningizdan turinglar, Yerdagi tuproqqa o‘tiringlar. Zero, Mo‘abni halok etuvchi sizga qarshi chiqadi, U qo‘rg‘onlaringizni qulatadi. Ey Arorda yashaydiganlar, Ko‘chaga chiqib kuzatib turinglar! Qochib ketayotgan erkagu ayollardan “Nima bo‘ldi?” deb so‘ranglar. Oh, Mo‘ab sharmanda bo‘ldi, vayron qilindi. Uvvos solib, faryod qilinglar! Mo‘ab xarob bo‘lganini Arnon daryosi bo‘ylarida e’lon qilinglar.” Xudo yassi tepaliklarda joylashgan hamma shaharlarni: Xo‘lunni, Yaxazni, Mifatni, Dibonni, Navoni, Bayt–Diblatayimni, Xiratayimni, Bayt–Gamulni, Bayt–Miyonni, Xariyo‘tni, Bozraxni jazolaydi. Xullas, uzoq–yaqinda joylashgan hamma Mo‘ab shaharlari vayron bo‘ladi. Mo‘abning qudrati sinadi, kuchi kesiladi. Egamizning kalomi shudir. O‘zini Egamizdan ustun qo‘ygan Mo‘abni mast qilinglar. O‘z qusug‘ida o‘zi dumalab yotsin, odamlarga kulgi, masxara bo‘lsin. Ey Mo‘ab, esingdami, Isroil ustidan kulgan eding! U o‘g‘rimidiki, u haqda gapirganingda boshingni chayqagan eding! “Ey, Mo‘ab aholisi! Shaharlarni tark eting, Qoyalar orasida yashab yuravering. Tog‘ darasida in qurgan kabutarlarday bo‘ling. Eshitganmiz Mo‘abning mag‘rurligini, Manmanligi, kiborligi, takabburligini! Naqadar takabburdir u! Nihoyatda gerdayib ketgan!” Egamiz shunday demoqda: “Men bu xalqning surbetligini bilaman. Ular behuda maqtanadilar. Shunday ekan, Mo‘ab uchun men yig‘layman, Butun Mo‘ab xalqi uchun faryod qilaman. Xir–Xarasot aholisi uchun ko‘z yosh to‘kaman. Ey Sivmo qishlog‘ining uzumzorlari, Men ham Yazir shahri singari sizlar uchun qayg‘uraman. Sizning novdalaringiz o‘sib ketdi, Hatto O‘lik dengizdan ham oshib o‘tdi, Shoxlaringiz Yazir shahrigacha yetdi. Ammo yozgi mevalar va uzumlaringizga Zararkunanda tushdi. Mo‘abning hosildor yerlarida Shodligu xursandchilik barham topdi. Men uzum siqish chuqurlardagi Sharobni tortib olaman. Endi hech kim shodlikdan hayqirib uzum ezmaydi, Shodon qiyqiriqlar endi eshitilmaydi.” “Xashbon, Elaley ahli faryod chekadi, Ularning ovozi Yaxazgacha eshitiladi. Sadosi Zo‘vardan Xo‘ronaymgacha jaranglaydi, To Eglat–Shalishiyogacha yetib boradi. Hatto Nimrim suvlari nobud bo‘ladi. Egamiz shunday demoqda: Mo‘ab sajdagohlarida qurbonlik qilganlarni yo‘q qilaman, O‘z xudolariga atab tutatqi tutatganlarni o‘ldiraman. Qalbim nay kabi nola qilib, Mo‘ab uchun qayg‘urmoqda. Ha, qalbim nay kabi, Xir–Xarasot odamlari uchun yig‘lamoqda. Axir, ularning yiqqan boyligi yo‘q bo‘ldi.” Qayg‘udan hamma sochini oldirgan, Hamma soqolini qirib tashlagan, Hamma qo‘llarini tilgan, Bellariga qanor o‘rab olgan.” Egamiz shunday demoqda: Mo‘abdagi hamma tomlar ustida, Hamma shahar maydonlarida Faqat marsiya aytiladi. Zotan Men Mo‘abni sindirib tashlayman, Keraksiz idishday chilparchin qilaman. Mo‘ab chil–chil sinadi! Odamlari achchiq–achchiq yig‘laydi! Sharmandalikdan Mo‘ab yuzini yashiradi! Mo‘ab hammaga masxara bo‘ladi, Uning ahvolidan qo‘shni xalqlar vahimaga tushadi.” Egamiz shunday demoqda: “Qaranglar! Dushman burgut singari Mo‘abga hujum qilmoqda, Qanot kerib Mo‘ab uzra parvoz etmoqda. Mo‘ab shaharlari endi olinadi, Qal’alari qo‘lga kiritiladi. O‘sha kuni Mo‘ab lashkarlari vahimaga tushadi, Ular dard tutgan ayol kabi bo‘lib qoladi. Axir, Mo‘ab o‘zini Egamizdan ustun qo‘ydi–da, Endi u nobud bo‘ladi. Ey Mo‘ab ahli, sizni vahima, Tuzoq va choh kutmoqda!” Egamizning kalomi shudir. “Vahimadan qochgan chuqurga tushar, Chuqurdan chiqqan esa tuzoqqa ilinar. Men Mo‘abning boshiga Jazo yilini keltiraman.” Egamizning kalomi shudir. “Holdan toygan qochoqlar Xashbon shahri soyasida to‘xtaydi. Ammo olov chiqadi Xashbon shahridan, Alanga chiqadi shoh Sixo‘nning shahridan. Yong‘in butun Mo‘ab yurtini yamlab yutadi, Isyonkor odamlarning boshini yeydi. Ey Mo‘ab, holingga voy! Xamo‘shga sig‘inganlar nobud bo‘ladi, O‘g‘il–qizlaring asirlikka tushadi. Ammo keyinchalik Men Mo‘ab xalqini yana farovonlikka erishtiraman.” Egamizning kalomi shudir. Mo‘ab to‘g‘risidagi bashoratlar o‘z nihoyasiga yetdi. Egamiz Ommon xalqi to‘g‘risida shunday dedi: “ Isroil tirnoqqa zormidi?! Uning merosxo‘ri yo‘qmidi?! Nimaga unda Mo‘laxga topinadiganlar Gad hududini egallab olishdi? Nimaga Ommon xalqi Gad shaharlarida yashayapti?” Egamiz demoqda: “Bu qilmishlari uchun shunday kunlar keladiki, Men Ommonliklarning Rabba shahriga qarshi jang e’lon qilaman. Rabba shahrini vayronalar uyumiga aylantiraman, Atrofdagi qishloqlariga o‘t qo‘yaman. Shunda Isroil xalqi bosqinchilarining yerlarini bosib oladi.” Egamizning kalomi shudir. Dod sol, ey Xashbon! Ay shahri vayron bo‘ldi! Ey Rabba aholisi, faryod qiling! Qanorga o‘ranib, marsiya ayting, Sarosimaga tushib badaningizni tiling. Axir, xudoyingiz Mo‘lax surgun qilinadi, Ruhoniylaru a’yonlaringiz asirga olib ketiladi. Ey isyonkor qiz Ommon, Nechun kuching bilan maqtanasan? Sening kuching qirqiladi! Sen boyligingga ishonasan, “Bizga hujum qilishga kim jur’at etar?”, deysan. Sarvari Olam — Rabbiy shunday demoqda: “Men O‘zim senga har tomondan dahshat solaman. Hammangiz tumtaraqay bo‘lib qochasizlar, Qochoqlaringizni hech kim to‘play olmaydi. Ammo shundan so‘ng Men Ommon xalqini yana farovonlikka erishtiraman.” Egamizning kalomi shudir. Sarvari Olam Edom haqida shunday dedi: Temonda farosatli kishi qolmadimi? Oqilona nasihat beradigan topilmadimi? Aqllarini mog‘or bosdimi? Ey Dedonliklar, qochinglar, Chuqur g‘orlarda bekinib olinglar! Vaqt keldi Esov naslini jazolashga, Falokat keltiraman uning boshiga. Bog‘ingizda uzum tergan odamlar Bir–ikki bosh uzum qoldiradi–ku! Kechasi uyga tushgan o‘g‘ri Faqat xohlagan narsasini oladi–ku! Men esa Esovning bor–yo‘g‘ini tortib olaman, Uning pana joylarini oshkor qilaman, U hech qayerga yashirina olmaydi. Uning bolalari halok bo‘ladi, Og‘a–ini, qo‘shnilari o‘ladi. Undan asar ham qolmaydi. Yetimlaringizni qoldiring, Ularning jonini asrayman. Bevalaringiz Menga inonib yashasin. Egamiz shunday demoqda: “Aybsiz odamlar jabr tortsa–yu, sen, ey Edom, jazosiz qolasanmi?! Yo‘q, sen jazodan qochib qutulolmaysan. Jazo kosasidan albatta ichasan. O‘z nomim bilan qasam ichib aytamanki, Bozrax shahri vayron bo‘ladi. Uning ayanchli ahvoli odamlarni vahimaga soladi. O‘tgan–ketganlar uni mazax qilib, nomini qarg‘ishlarda ishlatadi. Yon–atrofidagi hamma shaharlar ham to abad tashlandiq bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. Men, Yeremiyo, Egamizdan bir xabar oldim, Jarchi bu xabarni xalqlarga e’lon qildi: “To‘planing! Shaharga hujum qiling, Qani, jangga otlaning! Ey Edom, seni xalqlar orasida arzimas qilib qo‘yaman, Butun odamzod sendan hazar qiladigan bo‘ladi. Vajohating seni aldadi, Takabburliging seni ahmoq qildi. Sen–ku tik qoyada yashaysan, Azim cho‘qqilarni egallagansan. Burgut kabi iningni baland qurgan bo‘lsang ham, Seni u yerdan tortib tushiraman.” Egamizning kalomi shudir. Edomning boshiga tushadigan kulfatlar shu qadar dahshatli bo‘ladiki, bu yurtning oldidan o‘tgan har bir kishi vahimaga tushib, qotib qoladi. Sado‘m, G‘amo‘ra va atrofdagi shaharlar qanday vayron bo‘lgan bo‘lsa, Edom ham xuddi shunday vayron bo‘ladi. U yerda hech kim yashamaydi. Men Iordan chakalakzoridagi arslonday yaylovdagi qo‘ylarga hujum qilaman. Bir zumda Edom xalqini o‘z yurtidan haydab chiqaraman. O‘zim xohlagan insonni u yerga bosh qilaman. Axir, kim Menga teng kela oladi?! Kim Mendan hisobot so‘ray oladi?! Qaysi cho‘pon Menga qarshi tura oladi?! Shunday ekan, Edom xalqiga qarshi tuzgan rejalarimni eshitib qo‘ying. Temon aholisiga qilgan niyatlarimga quloq tuting: Yirtqichlar suruvdagi qo‘zichoqlarni sudrab ketadi. Qilmishlari tufayli yam–yashil yaylovlari payhon bo‘ladi. Edom gursullab qulaganda, yer yuzi larzaga keladi. Xalqning dodu voylari Qizil dengizgacha eshitiladi. Qaranglar! Dushman burgutday Bozraxga hujum qilmoqda. Qanot kerib shahar uzra parvoz etmoqda. O‘sha kuni Edom lashkarlari dard tutgan ayol kabi vahimaga tushadi. Quyidagi xabar Damashq haqidadir: Xomat bilan Arpad ahli shum xabar eshitishadi, Shuning uchun ular sarosimaga tushadi. Yuragiga tushgan g‘ulg‘ula bosilmaydi, Jo‘shqin dengiz kabi tinchlanmaydi. Damashq madorsiz qoladi, Orqaga qochmoqchi bo‘ladi, Butun vujudini vahima qamrab oladi. Dard tutgan ayolday azobu qiynoqda qoladi. Evoh, mashhur shahar tark etiladi! Quvonch makoni tashlab ketiladi! O‘sha kuni yigitlari maydonlarda o‘ladi, Hamma sipohlari halok bo‘ladi.” Sarvari Olamning kalomi shudir. “Men Damashq devorlariga o‘t qo‘yaman, Olov Banhadad qal’alarini yondirib tashlaydi.” Bobil shohi Navuxadnazar mag‘lub qilgan Kedar va Xazor shohliklari haqida Egamiz shunday deydi: “Qani bo‘ling, Kedarga hujum qiling! O‘sha sharq qabilalarini halok eting! Qo‘lga kiriting chodirlariyu qo‘ylarini, Pardalariyu bor bisotini. Tuyalarini o‘zingizga oling.“ Odamlar baqiradi: “Atrofni dahshat qamradi!” Egamiz shunday demoqda: “Ey Xazor aholisi! Qoching! Uzoqlarga bosh olib keting. Chuqur g‘orlarda yashirinib oling. Zero, Bobil shohi Navuxadnazar Sizlarga qarshi bir reja tuzdi, Sizlarni halok etish niyatida yuribdi.” Egamiz shunday demoqda: “Ey Bobil lashkarlari, Qani, xotirjam bo‘lgan xalqqa hujum qilinglar! Bexatar yashayotganlarga tashlaninglar! Ular sahroda yolg‘iz yashaydilar, Shaharlarining na darvozalari, na tambalari bor. Ularning tuyalarini o‘lja olasiz, Mol podalarini qo‘lga kiritasiz. Sochini oldirib yurgan Xazorliklarni Men to‘rt tomonga tarqatib yuboraman. Ularning ustiga har yoqdan kulfat yog‘diraman.” Egamizning kalomi shudir. Xazor to abad tashlandiq bo‘lib qoladi, Chiyabo‘rilar makoniga aylanadi. U yerda hech kim yashamaydi, U joylarga hech kim borib o‘rnashmaydi. Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining boshida Egamiz Yeremiyo payg‘ambarga Elam yurti to‘g‘risida O‘z so‘zini ayon qildi. Sarvari Olam demoqda: “Men Elam merganlarini nobud qilaman. Qudratining manbaini sindiraman. Ular ustiga to‘rt tomondan dushman solaman. Hammasini yer yuzining to‘rt tomoniga tarqatib yuboraman. Elamliklar qochib bormagan biron bir yurt qolmaydi.” Egamiz demoqda: “Men Elamni qasdi bor dushmanlari qarshisida sarosimaga solaman. Qaynagan g‘azabimni ustilariga kulfat qilib yog‘diraman. Ortidan qilich solib, hammasini bitta qoldirmay qirib tashlayman. Ularning shohini a’yonlari bilan birga yo‘q qilaman. Elamda O‘z taxtimni o‘rnataman. Ammo keyinchalik Men Elam xalqini yana farovonlikka erishtiraman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz Bobil yurti va Bobilliklarning diyori xususida Yeremiyo payg‘ambar orqali shunday so‘zlarni aytdi: “Xalqlarga e’lon qiling, xabar yetkazing! Bayroq ko‘tarib, yangilikni ayting. Hech narsa yashirmay shunday jar soling: “Bobil qulaydi, Ularning xudosi Bel sharmanda bo‘ladi, Xudosi Mardux parcha–parcha qilinadi. Bobil butlari xor bo‘ladi, Sanamlari sindirib tashlanadi. Shimoldagi bir xalq Bobil ustiga bostirib keladi. Ular butun yurtni vayron qilishadi. U yerda hech kim yashamaydigan bo‘ladi. Odamlar va hayvonlar u yerdan qochib ketadi. Egamiz shunday demoqda: “O‘sha kunlar kelganda, Isroil xalqi Yahudo xalqi bilan birga ko‘z yosh to‘kib, Egasi Xudoga intiladigan bo‘ladi. Ular yuzlarini Quddus tomon buradilar, u yerga olib boradigan yo‘lni surishtiradilar. Egamizga bog‘lanib qoladilar, U bilan unutilmas, abadiy bir ahd tuzadilar. Mening xalqim adashgan qo‘ylarga o‘xshaydi. Cho‘ponlari ularni yo‘ldan adashtirib, tog‘larga haydab yubordilar. Ular tog‘laru qirlarda darbadar kezib, oromgohini unutdilar. Qo‘ylarimga kim duch kelgan bo‘lsa, qo‘ylarimni yedi. Dushmanlar esa shunday dedi: “Bizning aybimiz yo‘q. Ularning o‘zlari Egasiga qarshi gunoh qildi. Egasi ular uchun asil yaylovday edi, ota–bobolari Egasiga umid bog‘lagan edi.” Ey Isroil xalqi, Bobildan qochib chiqing! Bobilliklarning yurtini tark eting! Suruvni boshqarib ketayotgan serkaday birinchi bo‘lib chiqing. Mana, Men shimoldagi qudratli xalqlarni Bobilga qarshi qo‘zg‘atyapman. Ular saf tortib, Bobilga hujum qiladilar. Bobil jangda mag‘lub bo‘ladi. Dushman o‘qlarining hammasi to‘g‘ri nishonga tegadi, ularning o‘qlari merganlarning o‘qlaridaydir. Bobil talon–taroj qilinadi, hamma talonchilari o‘ljaga to‘yadi.” Egamizning kalomi shudir. Ey, xalqimni talagan Bobilliklar! Sizlar sevinib, xursand bo‘lyapsizlar, O‘tloqdagi buzoqday shodon sakrayapsizlar, Otlar kabi kishnayapsizlar. Ammo bilib qo‘ying, ona yurtingiz xor bo‘ladi, Siz tug‘ilgan yurt oyoq osti qilinadi. Yurtingiz xalqlar orasida arzimas bo‘lib qoladi, Cho‘l, qaqroq yer, sahroga aylanadi. Egamiz Bobilga qahrini sochadi, U yerda hech kim yashamaydi. Butunlay tashlandiq bo‘lib qoladi. U yerdan kim o‘tsa yoqasini ushlaydi, Bobil xarobalarini ko‘rib qotib qoladi. Ey merganlar! Bobil atrofiga saf torting! Unga qarshi o‘q uzing! O‘qingizni sira ayamang. Axir, Bobil Egamizga qarshi gunoh qildi. Har yoqdan Bobilga shunday deb xitob qiling! “Bobil taslim bo‘lyapti, Istehkomlari yiqilyapti, Devorlari o‘pirilib tushyapti.” Mana bu — Egamizning qasosidir. Sizlar ham Bobildan o‘ch oling, Qilmishlarini o‘z boshiga qaytarib soling. Bobildagi urug‘ sepuvchilarni yo‘q qiling, O‘rim mavsumida o‘roqchilarni o‘ldiring. Dushman qilichidan hamma qochsin, U yerdagi asirlar o‘z xalqi orasiga qaytsin, Ona yurtiga qochib borsin. Egamiz shunday deydi: “Isroil xalqi sherlar har yoqqa tumtaraqay qochirib yuborgan qo‘ylarga o‘xshaydi. Ilk bor Isroilga Ossuriya shohi tashlangan edi, Isroilning suyaklarini esa Bobil shohi Navuxadnazar g‘ajigan edi. Shu sababdan Men, Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam, Ossuriya shohini qanday jazolagan bo‘lsam, Bobil shohini va uning yurtini ham xuddi shunday jazolayman. Isroilni o‘z yayloviga qaytarib olib kelaman, ular Karmil tog‘ining yon bag‘irlarida va Bashanda o‘tlab yuradilar. Efrayim qirlarida va Giladda yurib, qorinlarini to‘yg‘izadilar. O‘sha kunlar kelganda Isroildan biron gunoh topilmaydi, Yahudo ham benuqson bo‘ladi. Zero, Men asragan xalqimni kechiraman. Egamiz shunday demoqda: “Marotayim yurtiga bostirib boringlar, Paxo‘d aholisiga hujum qilinglar, Ularni tamomila qirib bitiringlar. Sizlarga Men buyurgan hamma ishni bajaringlar.” Bobildan jang shovqin–suroni ko‘tarilmoqda, Hamma yoq xarobaga aylanmoqda. Bobil butun dunyoni bolg‘aday parcha–parcha qildi, Eh, endi o‘zi sinib parchalanib ketdi! Bobilning ahvoli xalqlarni vahimaga soldi. Ey Bobil, Men senga tuzoq qo‘ygandim, Bilmasdan tuzog‘imga tushib qolding. Seni fosh qildim, qo‘lga oldim. Axir, sen Menga qarshi chiqqan eding.” Egamiz O‘z aslahaxonasini ochdi, G‘azab qurollarini olib chiqdi. Sarvari Olam — Rabbiy Bobilliklar yurtida bir ish qilishga shaylandi. Uzoq yurtlardan Bobilga hujum qiling! Omborxona eshiklarini buzing! Bobilni donday uyum–uyum qilib yig‘ing, Hammasini yo‘q qiling. Undan asar ham qolmasin! Yosh jangchilarini o‘ldiring, Hammasini qirib tashlang. Bobilning holiga voy, uning kuni bitdi, Jazo oladigan vaqti yetdi. Bobildan qochib kelayotganlarning gaplarini eshiting. Ular Quddusga kelib, Egamiz Xudo O‘z Ma’badi uchun olgan qasosini e’lon qilishmoqchi.” “Bobilga hujum qilish uchun kamonchilarni yig‘inglar. Shaharni qurshovga olinglar, bironta odam qochib keta olmasin. Bobilliklarning qilgan ishiga yarasha jazosini beringlar, qilmishlarini o‘z boshiga qaytarib solinglar. Zero, ular Isroil xalqining Muqaddas Xudosi — Egamizga nisbatan takabburlik qildilar. O‘sha kuni Bobilliklarning yigitlari maydonlarda o‘lib ketadi, hamma sipohlari halok bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir. Sarvari Olam — Rabbiy shunday demoqda: “Ey takabbur Bobil, Men senga qarshi chiqyapman! Sening kuning bitdi, Seni jazolaydigan vaqt yetdi. Bu takabbur xalqing qoqilib tushadi, Seni hech kim turg‘izib qo‘ymaydi. Men hamma shaharlaringga o‘t qo‘yaman, Olov atrofdagi hamma narsani yondirib yuboradi. Sarvari Olam shunday demoqda: “Isroil va Yahudo xalqlari zulm iskanjasida qolishdi. Dushmanlarning hammasi ularni qattiq tutib turibdi. Ularni qo‘yib yuborishdan bosh tortyapti. Ammo ularning Qutqaruvchisi qudratlidir, Uning nomi Sarvari Olamdir. U xalqini astoydil himoya qiladi, yurtiga orom beradi. Bobilliklarni esa tinchlikdan mahrum qiladi.” Egamiz shunday demoqda: “Bobilliklarga o‘lim! Butun Bobil aholisi, A’yonlariyu donishmandlariga o‘lim!” Folbinlariga o‘lim! Naqadar ahmoqdir ular! Jangchilariga o‘lim! Naqadar vahimaga tushgan ular! Otlariyu jang aravalariga o‘lim! Yollangan jangchilariga o‘lim! Ayollarga o‘xshagan zaifdir ular! Ziynatu boyliklarini yo‘q qiling, Talang, o‘lja qilib oling. Butun yurtga qurg‘oqchilik kelsin! Daryolari qurib ketsin. Zero, bu yurt butlar makoni bo‘ldi, Vahimaga solgan o‘sha butlar tufayli Odamlari aqldan ozdi. Shuning uchun Bobilda sirtlonlaru tuyaqushlar yashaydi. U yer yovvoyi dasht hayvonlarining makoniga aylanadi. Inson zoti endi u yerda hech qachon yashamaydi, Bobil to abad bo‘m–bo‘sh bo‘lib qoladi. Sado‘m, G‘amo‘ra va atrofdagi shaharlar qanday vayron bo‘lgan bo‘lsa, Bobil ham shunday vayron bo‘ladi. U yerda hech kim yashamaydi. Ana, shimoldan olomon kelmoqda. Dunyoning bir chetida Qudratli xalqlaru ko‘p shohlar qo‘zg‘almoqda. Kamonu nayzalar bilan qurollangan ular, Shafqat qilmaydigan zolimdir bu odamlar. Ular otlarini yeldiradi, Dengizday guvullab keladi. Ey qiz Bobil, ular senga qarshi chiqadi, Jang qilgani saf tortishadi. Bobil shohi bu xabarni eshitdi, Qo‘llarida mador qolmadi. Dard tutgan ayol kabi Azobu iztirobda qoldi. Men Iordan chakalakzoridagi arslonday yaylovdagi qo‘ylarga hujum qilaman. Bir zumda Bobil xalqini o‘z yurtidan haydab chiqaraman. O‘zim xohlagan insonni u yerga bosh qilaman. Axir, kim Menga teng kela oladi?! Kim Mendan hisobot so‘raydi?! Qanday cho‘pon Menga qarshi tura oladi?! Shunday ekan, Bobil yurtiga qarshi Men tuzgan rejalarni eshitinglar. Bobil xalqi to‘g‘risida qilgan niyatlarimga quloq tutinglar: Yirtqichlar suruvdagi qo‘zichoqlarni sudrab ketadi. Qilmishlari tufayli yam–yashil yaylovlari payhon bo‘ladi. Bobil gursullab qulaganda, yer yuzi larzaga keladi, xalqning dodu voylari olisdagi ellarga eshitiladi. Egamiz shunday demoqda: “Men Bobilga va uning aholisiga qarshi, Halokat keltiradigan shamol qo‘zg‘ataman. Bobilga ajnabiylarni jo‘nataman. Ular bug‘doyni sovurganday, Bobilni sovurib tashlaydilar. Uning bor–yo‘g‘ini shilib oladilar. Kulfat kuni unga har yoqdan yopiriladilar. Bobil kamonchilarining sovut kiyishiga, O‘q uzishlariga imkon bermang. Bobil yigitlariga rahm qilmang! Lashkarini tamomila qirib bitiring. Ular Bobil yurtida chopib tashlanadilar, Ko‘chalarida og‘ir yaralanib yotadilar. Isroil va Yahudo xalqlari Sarvari Olam oldida gunoh qilgan bo‘lsalar ham, Xudosi ularni tark etmadi. Isroilning Muqaddas Xudosi ulardan yuz o‘girmadi. Bobildan qochib chiqinglar! Joningizni qutqarib qolinglar! Bobilning gunohi tufayli qirilib ketmanglar, Zotan Egamiz Bobildan o‘ch olmoqda, Qilgan qilmishlariga yarasha jazosini bermoqda. Bobil Egamizning qo‘lidagi oltin kosaday edi, Bobil butun dunyoni mast qildi. Dunyo xalqlari kosadagi sharobdan ichdi, Hammasi aqldan ozdi. Bobil birdaniga qulaydi, buzib tashlanadi. Uning uchun faryod qiling! Yaralariga malham surting, Zora tuzalib qolsa! Bobilda yashagan ajnabiylar aytishadi: “Bobilni tuzatmoqchi edik, ammo u tuzalmadi. Endi uni tashlab ketaylik, Har birimiz yurtimizga qaytib ketaylik. Axir, Bobilning jazosi boshidan oshdi, Ko‘kdagi bulutlargacha yetib bordi.” Isroil xalqi deydi: “Egamiz bizni oqladi. Yuringlar, Quddusga boraylik, Egamiz Xudoning buyuk ishlarini U yerda e’lon qilaylik. O‘tkirlang o‘qlarni! To‘ldiring o‘qdonlarni! Egamiz O‘z Ma’badi uchun Bobilliklardan o‘ch olmoqchi bo‘ldi. U butun Bobil yurtini vayron qilishni rejalashtirib qo‘ygan edi. Rejasini amalga oshirish uchun Midiya shohlarini Bobilga qarshi qo‘zg‘atgan edi. Bobilga qarshi bayroq ko‘taring. Qo‘riqchilar safini kuchaytiring, Soqchilar qo‘ying. Pistirma qo‘yishga tayyor turing. Egamiz rejalarini amalga oshiradi, Bobilga qarshi aytganlarini bajaradi. Ey serob suvlar bo‘yidagi shahar, Boy xazinaga ega bo‘lgan shahar! Sening kuning bitdi. Hayoting ipi uzildi. Sarvari Olam O‘z nomi bilan qasamyod qilib dedi: “Chigirtkaday gala–gala dushmanni senga qarshi yuboraman. Ular yurting uzra g‘olibona hayqiradi.” Egamiz qudrati ila yerni yaratdi, Donoligi ila dunyoni bunyod etdi, Idroki ila osmon gumbazini o‘rnatdi. Uning ovozidan osmondagi suvlar gulduraydi, U dunyoning to‘rt burchidan bulutlarni olib keladi. Yomg‘ir yog‘dirishdan oldin momaqaldiroq chaqtiradi, Omborlaridagi shamollardan esdiradi. Uning oldida hamma odamlar ahmoq va nodondir. Zargarlar yasagan butlari tufayli sharmanda bo‘lishadi. Yasagan sanamlari soxtadir, ularning joni yo‘q. Bu betayin butlar aldamchidir. Ularni jazolagan kunim yo‘q bo‘lishadi. Yoqubning Xudosi esa unday emas. U butun borliqni yaratgan, Merosi bo‘lgan Isroilni bino qilgan. Uning nomi Sarvari Olamdir. Ey Bobil, sen Mening bolg‘am, urush qurolimsan. Sen bilan ezdim Men xalqlarni, Sen bilan parchaladim shohliklarni. Sen bilan pachaqladim otlaru chavandozlarni, Majaqladim jang aravalariyu aravakashlarni. Sen bilan ezdim erkagu ayollarni, Sen bilan urdim yoshu qarilarni, Sen bilan o‘ldirdim yigitu qizlarni, Sen bilan ezdim cho‘ponlaru ularning suruvlarini, Sen bilan urdim dehqonlaru ularning ho‘kizlarini, Sen bilan o‘ldirdim hokimlaru a’yonlarni. Egamiz shunday demoqda: “Quddusga qilgan barcha yovuzliklari uchun Bobilliklarni va butun Bobil yurtini sizning ko‘zingiz oldida jazolayman.” Egamiz shunday demoqda: “Ey Bobil, sen tog‘day bo‘lib, Butun dunyoni vayron qilding. Shu bois Men senga qarshiman! Men senga qarshi qo‘l ko‘taraman, Seni qoyalardan pastga dumalatib yuboraman, Kuyib abgor bo‘lgan toqqa aylantiraman. Sendan na peshtoq uchun tosh, Na poydevor uchun tosh olinadi. Sen to abad tashlandiq bo‘lib qolasan.” Egamizning kalomi shudir. “Bayroqni ko‘taring! Xalqlarga burg‘u chaling! Xalqlarni Bobilga qarshi urushga tayyorlang. Ararat, Minnax va Ashkanoz shohliklarini Unga qarshi to‘plang. Bobilga qarshi jang qiladigan lashkarboshini tayinlang, Chigirtka galasiday ko‘p otlar keltiring. Xalqlarni Bobilga qarshi urushga tayyorlang. Midiya shohlarini, ularning hokimu a’yonlarini, Ularning qo‘li ostidagi hamma yurtlarni Bobilga qarshi safarbar qiling. Butun dunyo dag‘–dag‘ titramoqda, Zero, Egamiz O‘z rejasini amalga oshirmoqda. Bobil vayron bo‘ladi, Evoh, kimsasiz huvullab qoladi. Bobil sipohlari jangdan voz kechishadi, Qal’alarida pisib yotishadi. Ularning madori qolmaydi, Ayollarday zaif bo‘lib qolishadi. Bobilning dushmani shahar binolariga o‘t qo‘yadi, Shahar darvozalarini buzadi. Chopar ketidan chopar yugurar, Xabarchi ketidan xabarchi kelar. Bobil shohiga shunday xabar yetkazmoqchi ular: “Shahringiz quladi, Daryoning kechuv joylari qo‘lga olindi, To‘qaylarga o‘t qo‘yildi, Sipohlar sarosimaga tushdi.” Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Qiz Bobil xirmondagi bug‘doyga o‘xshaydi. Tez orada o‘rim vaqti yetib keladi, Hademay u yanchiladi.” Quddus aholisi shunday dedi: “Bobil shohi Navuxadnazar bizni g‘ajidi, ezdi, Bizni bo‘m–bo‘sh idishday qilib qo‘ydi. U ajdahoday bizni yamladi, Lazzatlarimiz bilan qornini to‘yg‘izdi, Keyin esa bizni tupurib tashladi.” Quddus aholisi aytsin: “Majaqlangan tanam uchun Bobildan o‘ch olinsin”, deya. Sion aholisi aytsin: “To‘kilgan qonim uchun Bobilliklar jazolansin”, deya. Egamiz shunday demoqda: “Men da’voingizni eshitib, Sizni himoya qilaman. Sizlar uchun o‘ch olaman. Bobilning bulog‘ini quritaman, Daryolarini suvsiz qoldiraman. Bobilni bir uyum toshga aylantiraman, Chiyabo‘rilarning makoni qilaman. Bobilning ahvolidan odamlar dahshatga tushadi, Uni ko‘rganlar qotib qoladi. U yerda biron kimsa yashamaydi. Bobilliklar sher kabi o‘kirishadi, Sher bolalariday bo‘kirishadi. Ayni qizishgan paytlarida Ularga o‘tkir ichimlikdan ichiraman. Ularni mastu shodon qilaman. So‘ng ular abadiy uyquga ketishadi, Hech qachon uyg‘onishmaydi.” Egamizning kalomi shudir. “Men ularni qo‘zichoq, qo‘chqor va takalarday Qassob oldiga olib boraman.” Eha, Bobil shahri quladi–ya! Butun dunyo g‘ururi mag‘lub bo‘ldi–ya! Uning qismatidan xalqlar dahshatga tushdi! Dengiz suvlari Bobilni bosdi, Shovqin to‘lqinlar uni qoplab oldi. Ana, shaharlari xarob bo‘ldi, Ular cho‘lu sahroga aylandi. Endi u yerda hech kim yashamaydi, Inson qadami u yerga yetib bormaydi. Bobil xudosi Belni Men jazolayman, Yutganlarini og‘zidan chiqaraman. Endi xalqlar uning oldiga oqib bormaydi, Bobil devorlari qulab tushadi. Ey xalqim, chiqib ket u yerdan! Qochib qol Egangning qahridan! Joningni qutqargin! Yurtdagi mish–mishlar sizni qo‘rqitmasin, Yuragingizga g‘ulg‘ula solmasin. Bir yil bir mish–mish bo‘ladi, Keyingi yili boshqasi chiqadi. Ha, yurtdagi zo‘ravonlik haqida mish–mish chiqadi, Shohlar orasidagi urush haqida mish–mish tarqaladi. Mana, shunday kun kelyaptiki, Men Bobilning soxta xudolarini jazolayman. Butun Bobil yurti sharmanda bo‘ladi, Ko‘chalarida jasadlar yotadi. Ha, Bobilga qarshi shimoldan Qirg‘in keltiruvchi keladi. Shunda Bobilning halokatidan Yeru osmon shodlanadi, U yerdagi barcha mavjudot xursand bo‘ladi”, deb aytmoqda Egamiz. “Axir, Bobil Isroil xalqining umriga zomin bo‘ldi, Yer yuzidagi ko‘p xalqlarning boshini yedi, Ana endi uning qilmishlari o‘zining boshiga yetdi. Ey, qilichdan omon qolganlar! Qochinglar, o‘ylanmanglar! Olis yurtda Egangizni eslanglar. Quddus haqida o‘ylanglar. Sizlar aytasiz: “Sharmanda bo‘ldik. Haqoratlar eshitdik. Yuzimiz shuvut. Axir, Egamiz uyining muqaddas xonalarini Ajnabiylar oyoq osti qildi.” Egamiz esa shunday demoqda: “Mana, shunday kunlar kelyaptiki, Men Bobilning soxta xudolarini jazolayman. Butun yurt uzra Yaradorlarning faryodlari eshitiladi. Bobil osmonga chiqib olsa ham, Baland qal’asini mustahkam qilsa ham, Men unga qarshi qirg‘in keltiruvchini yuboraman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “Ana, Bobil xalqidan dodu faryod ko‘tarilmoqda, Bobil yurtidan vayron–talqon sadolari kelmoqda.” Egamiz Bobilni vayron qiladi, Shang‘illagan tovushini o‘chiradi. Dushmanlar shiddatli to‘lqinlarday o‘kiradi, Quloq teshgudek qilib baqiradi. Qirg‘in keltiruvchi Bobilga qarshi chiqadi, Sipohlarini asirlikka oladi. Kamonlarini sindiradi. Axir, Egamiz jazolaydigan Xudodir, U rosa Bobilning jazosini beradi. Xudo Shohdir, Sarvari Olamdir Uning nomi. U shunday demoqda: “Mast qilaman Bobil amaldorlariyu donishmandlarini, Hokimlarini, a’yonlariyu jangchilarini. Ular abadiy uyquga ketadilar, Hech qachon uyg‘onmaydilar.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Bobilning qalin devorlari yer bilan yakson qilinadi, Baland darvozalari yondirib tashlanadi. Ellar behuda tinkasini quritadi. Xalqlarning ter to‘kib erishganlari olovga yem bo‘ladi.” Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining to‘rtinchi yili. Shoh Zidqiyo Bobilga bormoqchi bo‘lib yo‘lga otlanganda, Yeremiyo payg‘ambar Neriyoning o‘g‘li, Maxsiyoning nevarasi Sarayoga ko‘rsatmalar berdi. Sarayo bu safarda javobgar bir shaxs edi. Yeremiyo o‘rama qog‘ozga Bobilning boshiga tushadigan barcha kulfatlarni batafsil bayon qilib yozdirgan edi. U Sarayoga shunday tayinladi: “Bobilga borganingdan keyin, o‘rama qog‘ozdagi hamma so‘zlarni xalqqa baland ovozda o‘qib ber. Keyin esa shunday xitob qil: “Ey Egam, Sen O‘zing bu joyni vayron qilaman, degansan. Bu yerda na odamlar, na hayvonlar yashaydi, bu joy to abad tashlandiq bo‘ladi, deb aytgansan.” O‘rama qog‘ozni o‘qib bo‘lganingdan keyin, unga bir tosh bog‘lagin–da, Furot daryosining o‘rtasiga uloqtirib yubor. Keyin shunday deb ayt: “Bobil ham shunga o‘xshab cho‘kib ketadi. Egamiz Bobilga yog‘diradigan kulfatlar tufayli Bobil hech qachon o‘nglanmaydi. Uning butun aholisi o‘ladi.” Yeremiyoning bashoratlari tugadi. Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh bo‘ldi va Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Xamutal bo‘lib, Libnalik Yeremiyoning qizi edi. Zidqiyo ham, Yohayiqim kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilgani uchun Egamiz Quddus va Yahudo xalqidan g‘oyat g‘azablangan, oqibatda ularni O‘z huzuridan quvib yuborgan edi. Zidqiyo Bobil shohiga qarshi isyon ko‘tardi. Zidqiyo hukmronligining to‘qqizinchi yili, o‘ninchi oyning o‘ninchi kunida Bobil shohi Navuxadnazar Quddusga qarshi bor lashkarini tortib kelib, shaharni qamal qildi. Shahar devori atrofida baland qurilmalar yasatdi. Shoh Zidqiyo hukmronligining o‘n birinchi yiligacha shahar qamalda qoldi. To‘rtinchi oyning to‘qqizinchi kuni shaharda ocharchilik shu qadar kuchaydiki, xalq bir luqma non topolmay qoldi. Bobilliklar Quddus devorini yorib kirdilar. Ular Quddusni har tomondan qurshab olishgan bo‘lsalar–da, Yahudo sipohlari shoh bilan birga qochib ketdilar. Ular tunda saroyning bog‘i yaqinidagi ikki devor orasidagi darvozadan chiqib, Iordan vodiysi tomonga qochdilar. Ammo Bobil sipohlari shohning orqasidan quvib, Yerixo tekisligida Zidqiyoga yetib oldilar. Zidqiyoning hamma lashkarlari shohni tashlab qochib ketdilar. Bobil sipohlari shoh Zidqiyoni ushlab, Xomat yurtidagi Rivlo shahriga, Bobil shohi huzuriga olib keldilar. Bobil shohi Zidqiyoni o‘sha yerda hukm qildi. Rivloda Zidqiyoning ko‘zi oldida hamma o‘g‘illarini, so‘ng Yahudo a’yonlarini qatl qildi. Zidqiyoning esa ko‘zlarini o‘yib, uni kishanlab qo‘ydi. Bobil shohi uni o‘zi bilan Bobilga olib ketdi. Zidqiyo umrining oxirigacha zindonda yotdi. Bobil shohi Navuxadnazar hukmronligining o‘n to‘qqizinchi yili, beshinchi oyining o‘ninchi kunida Bobil shohi xizmatidagi qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Quddusga kirdi. U Egamizning uyiga, shoh saroyiga, Quddusdagi hamma uylarga, har bir hashamatli imoratga o‘t qo‘ydi. Qo‘riqchilar sardori boshchiligida hamma Bobil lashkarlari Quddus devorlarini yiqitdilar. Nabizaradon ba’zi qashshoqlarni, shaharda tirik qolganlarni, Bobil shohi tomonga o‘tgan qochoqlaru qolgan–qutgan hunarmandlarni asir qilib olib ketdi. Uzumchilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lsinlar, deya hech vaqosi yo‘q, qashshoq odamlardan ba’zilarinigina qoldirdi, xolos. Bobilliklar Egamizning uyidagi bronza ustunlarni, aravalarni, bronza hovuzni parchaladilar, hamma bronzani Bobilga olib ketdilar. Egamizning uyida xizmat paytida ishlatiladigan buyumlarni — qozonlarni, kuraklarni, qaychilarni, tog‘orachalar va kurakchalarni, barcha bronza ashyolarni ham olib ketdilar. Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon oltin va kumushdan yasalgan tog‘oralarni, olovkuraklarni, tog‘orachalarni, tovoqlarni, chiroqpoyalarni, kurakchalarni va sharob nazri uchun ishlatiladigan idishlarni ham olib ketdi. Egamizning uyi uchun shoh Sulaymon yasattirgan ikkita ustunga, hovuzga, hovuz ostidagi o‘n ikkita buqaga va aravalarga behisob bronza sarf qilingan edi. Har bir ustunning balandligi 18 tirsak, tevaragi 12 tirsak edi. Ustunlarning ichi kavak bo‘lib, devorlarining qalinligi to‘rt enli edi. Ikkala ustunning tepasida bittadan ustunqosh bor edi. Ustunqoshlarning balandligi 5 tirsakdan, atroflari bronzadan yasalgan to‘rsimon bezak va anor tasviri bilan bezatilgan edi. Ustunqoshning har bir tomoniga to‘qson oltita anor tasviri tushirilgan edi. Hammasi bo‘lib to‘rsimon bezakdagi anorlar soni yuzta edi. Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon oliy ruhoniy Sarayoni, undan keyingi ruhoniy Zafaniyoni va uchta darvozabonni ham asirga oldi. Quddusda qolgan sipohlarning lashkarboshisini, shohning yettita shaxsiy maslahatchisini, xalqni lashkar safiga yozgan lashkarboshining kotibini va xalqdan shaharda qolgan oltmish kishini ham bandi qildi. Ularning hammasini Rivloga, Bobil shohi huzuriga olib keldi. Bobil shohi ularni Xomat yurtida, Rivloda qatl qildi. Shunday qilib, Yahudo xalqi o‘zlarining yurtidan surgun qilindilar. Navuxadnazar surgun qilgan xalqning miqdori quyidagichadir: Hukmronligining yettinchi yili 3.023 nafar yahudiyni, o‘n sakkizinchi yili Quddus aholisidan 832 nafar kishini, yigirma uchinchi yili qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Yahudodan 745 nafar kishini surgun qildi. Hammasi bo‘lib surgun qilingan xalqning miqdori 4.600 kishi edi. Yahudo shohi Yohayixin surgunda yurganiga o‘ttiz yetti yil bo‘lganda, Evilmardux Bobil shohi bo‘ldi. Evilmardux o‘sha yilning o‘n ikkinchi oyi yigirma beshinchi kuni Yahudo shohi Yohayixinga iltifot ko‘rsatib, uni zindondan olib chiqdi. Unga yaxshi munosabatda bo‘ldi, Bobilga surgun qilingan boshqa shohlardan ko‘ra balandroq martaba berdi. Shunday qilib, Yohayixin zindon kiyimlarini yechdi. Umr bo‘yi doimo Bobil shohining dasturxonidan taom yedi. Umrining oxirigacha Bobil shohi tarafidan kundalik ehtiyoji har doim qondirildi. Voy sho‘rim! Odamlarga to‘lib–toshgan bir vaqtlar, Naqadar yolg‘izdir endi bu shahar! Xalqlar orasida shuhrat qozongan, Endi bir beva ayolga u o‘xshab qolgan. U viloyatlar orasida malikaday edi, Endi u bir cho‘riga o‘xshab qoldi. Kechalari u achchiq–achchiq yig‘laydi, Ko‘zlaridan yoshlar oqadi. Uni yupatadigan biron kimsa Yo‘qdir o‘ynashlarining orasida. Do‘stlari unga xiyonat qilishdi, Unga dushman bo‘lib qolishdi. Yahudo xalqi surgun bo‘lib, azoblar tortdi, Tutqunlikning mashaqqatini u totib qo‘rdi. Begona xalqlar orasida o‘rnashganda, O‘ziga orom topa olmadi. U tang ahvolga tushib qolganda, Ta’qib etuvchilar uni qo‘lga oldi. Quddusga boradigan yo‘llar tutyapti motam, Axir, belgilangan bayramlarga kelmas biror ham odam. Shaharning hamma darvozalari huvullab qoldi, Ruhoniylari xo‘rsinib o‘tiribdi. Quddusdagi qizlar qayg‘uga botgan, Quddusning o‘zi ham iztirobda qolgan. Quddusga dushmanlari bosh bo‘ldi, Uning g‘animlari ravnaq topdi. Quddus behad ko‘p gunoh qildi, Shu sababdan Egamiz uni azobga soldi. Quddusning farzandlari surgun qilindi, G‘animlari ularni olib ketdi. Qiz Quddus o‘z savlatini yo‘qotdi. Yo‘lboshchilari o‘tloq topa olmagan kiyikka o‘xshaydi. Ovchidan qochishga ularning madori qolmadi. Kulfatu sargardonlik kunlarda, Quddus oldingi hazinalarini esladi. Uning aholisi dushmanlarga taslim bo‘lganda, Quddusga yordam beradigan hech kim yo‘q edi. G‘animlar uning qulashini tomosha qilib, Quddusni masxara qilardi. Ha, Quddus jirkanch gunohga qo‘l urdi, Atrofdagilarga u kulgi bo‘ldi. Oldin uni e’zozlagan hammalar Endi undan hazar qiladilar. Quddusning sharmandaligini ular ko‘rdilar. Mana endi, Quddus xo‘rsinib o‘tiribdi, Hammadan yuzini yashirib o‘tiribdi. Uning nopokligi kiyimini dog‘ qildi, Kelajagi haqida u qayg‘urmadi. U dahshatli tarzda quladi, Uning yupatuvchisi yo‘q edi. U shunday deb yolvordi: “Kulfatimga bir nazar solgin, ey, Egam, Zero, dushmanlarim g‘olib keldi ustimdan!” G‘animlar Quddus xazinalariga chang soldi. Quddusning ko‘zi oldida Begona xalqlar muqaddas makonga kirdi. Ammo Egamiz o‘sha g‘ayriyahudiylarga Hatto Isroil jamoasida bo‘lishni man etgandi! Mana endi, shahardagi hamma odamlar xo‘rsinyapti, Bir burda nonni izlab yuribdi. Ular boyliklarini sotib, ovqat olishyapti, Shu yo‘sin o‘z jonlarini saqlashyapti. Quddus shunday deb yolvormoqda: “Ey Egam, menga bir boqqin, Xor bo‘lganimni ko‘rib qo‘ygin!” Quddus o‘tgan–ketganlarga xitob qiladi: “Nahotki sizlarga bari bir bo‘lsa?! Menga bir qaranglar! — deb yolvoradi. — Egamiz g‘azab kunida menga azob bergan, Bunday azobni hech kim ko‘rmagan. U osmondan olov yubordi, O‘sha olov ichimni yondirdi. Xudo oyog‘imga tuzoq qo‘ydi, Meni ortga qaytishga majbur qildi. Adoyi tamom qildi meni Xudoyim, Azobu alamda qoldi mening jonim. Gunohlarim bo‘yinturuqqa aylangan, O‘sha bo‘yinturuqni Xudoning O‘zi yasagan. U gunohlarimni bo‘ynimga osdi. Meni tamom holdan toydirdi. Rabbiy berdi meni dushmanlarim qo‘liga, Men qarshilik qila olmayman ularga. Egam kuchli jangchilarimni rad etdi, Yigitlarimni yakson qilish–chun lashkar yubordi. Bokira qiz Yahudoni Rabbiy uzum ezganday ezdi. Shuning uchun men faryod qilaman, Ko‘z yoshimni sel–sel oqizaman. Axir, yupatuvchim mendan uzoqda, Jonimga oro kiruvchi olisda. Evoh, dushmanlarim mendan g‘olib keldi, Farzandlarim xonavayron bo‘ldi.” Quddus qo‘llarini cho‘zib yordam so‘raydi, Biroq hech kim uni yupatmaydi. Egamiz qo‘shni xalqlarga amr berdi, Shunda hammasi Yoqub nasliga dushman bo‘lib qoldi. Dushmanlarining nazarida Quddus axlatday jirkanch bo‘lib qoldi. Quddus aytmoqda: “Ha, mening Egam haq, Axir, o‘zim Uning amriga qarshi bosh ko‘tardim. Ey xalqlar, menga quloq soling, Mening kulfatimni ko‘rib qo‘ying. Mening yigit–qizlarim surgun bo‘ldi. Men o‘ynashlarimni chaqirdim, Ular esa meni aldashdi. Jonini saqlash uchun non izlagan Ruhoniyu oqsoqollarim ko‘chalarda jon berdi. Ey, Egam, ko‘rib qo‘ygin qayg‘umni, Ko‘r to‘kilib turgan yuragimni. Evoh, yurak–bag‘rim ezilib ketdi, Axir, men Senga qarshi bosh ko‘tardim. Ana, tashqarida qilich odamlarni chopyapti, Ichkarida o‘lim hukmronlik qilyapti. Odamlar ohu nolalarimni eshitdi, Biroq mening yupatuvchim yo‘q edi. G‘animlarim eshitdi kulfatlarim haqida, Xursand bo‘lishdi qilgan ishingdan shunda. Sen e’lon qilgan o‘sha kuningni keltirgin, Dushmanlarim ham mening holimga tushsin. Nazaringdan qochmasin ularning qilgan qabihliklari, Gunohim–chun meni jazolaganday jazolagin ularni. Ko‘pdir mening ohu nolalarim, Hech ham qolmadi mening madorim.” Voy sho‘rim! Rabbimiz g‘azablanib, Qiz Quddusni zulmat bilan qopladi, U Isroilning salobatini Osmondan yerga uloqtirdi. Achchiq qahri kelganda, O‘z poyandozi bo‘lgan Ma’badini esga olmadi. Rabbiy ayovsiz vayron qildi Yoqub naslining maskanlarini. G‘azabi kelib yakson qildi Qiz Yahudoning qal’alarini. Oyoq osti qilib, xo‘rladi Shohlik va uning hukmdorlarini. U qattiq g‘azabga minib, Isroilning bor qudratini yo‘q qildi. G‘animlar hujum qilganda, O‘z xalqini himoya qilmadi. Avjiga chiqqan olov kabi, Yoqubning yurtini yondirib yubordi. U g‘animday bizga qarata yoyini tortdi, O‘q uzishga Uning qo‘li tayyor turardi. U dushmanday kelishgan yigitlarimizni o‘ldirdi. Qiz Quddusning chodirlariga olovday qahrini sochdi. Rabbiy dushmanga o‘xshab qoldi, Isroil yurtini vayron qildi. Xarob qildi barcha saroylarini, Yakson etdi Isroil qal’alarini. Qiz Yahudoga keltirdi g‘am–g‘ussa, Uning qayg‘usini orttirdi ming hissa. Bog‘dagi chaylani yiqitganday, Ma’badini U buzib tashladi. Quddusdagi bayram va Shabbat kunlarni Egamiz bekor qildi. Shohlar va ruhoniylarni G‘azab ustida rad etdi. Rabbiy O‘z qurbongohidan voz kechdi, O‘z maskanini tashlab ketdi. Quddus saroylarini yovning qo‘liga berdi. Egamiz uyidagi yovning hayqirig‘i Bayramdagi shodon ovozlarga o‘xshaydi. Ha, Egamiz qiz Quddusning devorlarini Vayron etishga qaror qildi. Devorlarga birma–bir qarab chiqdi, Shashtidan qaytmadi, hammasini yakson qildi. Endi qal’ayu devorlar qayg‘uryapti, Hammasi xarob bo‘lib yotibdi. Quddus darvozalari tuproqqa belanib yotibdi, Darvoza tambalari parchalanib yotibdi. Shohu amaldorlari surgun bo‘lishdi, Qonunlar xalqqa o‘rgatilmas endi. Egamizdan kelgan vahiylarni Payg‘ambarlar endi ko‘rmaydi. Qiz Quddusning oqsoqollari Sukut saqlab yerda o‘tiribdi. Boshlaridan ular tuproq sochgan, O‘zlari qanorga o‘rangan. Boshlarini solib quyi O‘tiribdi Quddus qizlari. Yig‘layverib ko‘zlarim tolgan, Ichimda yuragim to‘kilib ketgan. Jigar–bag‘rim ezilib ketdi, Axir, mening xalqim qirilib ketdi! Och qolgan go‘dagu chaqaloqlar Shahar ko‘chalarida hushsiz yotibdi! “Qornim ochdi! Chanqadim!” deb Onalariga ular faryod qilar. Yarador jangchiday shahar ko‘chalarida hushsiz yotishar. Onalarining bag‘rida jon taslim etishar. Sen haqingda nima aytay?! Seni kimga solishtiray, ey qiz Quddus? Nima deb yupatay?! Seni kimlarga o‘xshatay, ey bokira qiz Sion? Dengizday cheksizdir sening kulfating, Endi shifo bera olmas senga hech kim! Sening payg‘ambarlaring Yolg‘on va behuda vahiylar aytishdi. Gunohlaringni fosh qilmay, Surgunning oldini olishmadi. Yolg‘on bashoratlar aytib, Seni yo‘ldan ozdirishdi. O‘tgan–ketganlar sendan or qilib, Qo‘l siltab ketadilar. Yoqasini ushlab, boshlarini chayqaydilar, Ey qiz Quddus, seni mazax qilib shunday aytadilar: “Go‘zallikda komil shaharmi shu?! Butun dunyoning sevinchimish u!” Barcha yovlaring ustingdan kuladi, Holingni ko‘rib yoqasini ushlaydi. Tishlarini g‘ijirlatib aytishadi: “Biz uni yamladik! Voh, qanday intizorlik bilan Bu kunni kutgan edik! Nihoyat, o‘sha kunga yetdik!” Evoh, Egamiz O‘z rejalarini amalga oshirdi, O‘z aytganlarini bitta qoldirmay bajardi. Azaldan ogohlantirib kelganday Sizlarni ayovsiz qirib tashladi. G‘animlarning qudratini yuksaltirdi, Holingizdan dushmanlarni xursand qildi. Shaxar ahlining qalbi Rabbiyga faryod qilmoqda, Ey, qiz Quddusning devorlari! Ko‘z yoshingiz kechayu kunduz daryo bo‘lib oqsin. O‘zingizga tinim bermang, Ko‘z yoshingizni aslo to‘xtatmang! Tur, ey qiz Quddus! Kechasi bilan Xudoga iltijo qilib chiqqin! Yuragingni Rabbiyga suvday to‘kib solgin! Qo‘llaringni uzat osmonga, Farzandlaring uchun yolvorgin Unga! Axir, ular ochlikdan hushsiz yotibdi Har bir ko‘chaning boshida. Shunday ibodat qilgin: “Ey Egam, ko‘rmaysanmi buni: Ne ko‘ylarga solib qo‘yding Sen xalqingni?! Onalar erkalatib o‘stirgan farzandlarini yeyishyapti–ku! Ruhoniyu payg‘ambarlar maskaningda qirilib ketyapti–ku! Yoshu qarilarning jasadlari ko‘chada changga belanib yotibdi. Qilich tufayli yigitu qizlarim juvonmarg bo‘ldi. Sen g‘azabing chiqqan kuni ularni halok qilding, Ayovsiz ularni qirib tashlading. Menga qarshi yig‘ding Sen tevarakdagi yovlarni, Go‘yo ziyofatga chaqirganday taklif qilding ularni. O‘sha kuni Sening g‘azabingdan hech kim qutilolmadi, Biror odam o‘z jonini saqlab qololmadi. Evoh, erkalab o‘stirgan bolalarimni Dushmanlarim o‘ldirdi.” Azoblarda qolgan insonman, Xudoning g‘azabi tufayli tayoq yedim. Boshlab bordi Xudo meni zulmatga, Nur tushmaydigan qorong‘i joyga. Yolg‘iz menga qarshi U qo‘l ko‘tardi, Kun bo‘yi meni qayta–qayta jazoladi. Qaritib yubordi etu terimni, Sindirib tashladi suyaklarimni. Alamga meni tutqun qildi, Jabru jafo zindoniga meni tashladi. Majbur qildi meni zimistonda yashashga, O‘xshab qoldim men ancha oldin o‘lgan marhumga! Qochib ketmasin, deya Xudo atrofimni qurshadi, Og‘ir zanjirlar bilan meni kishanband etdi. Yordam so‘rab yolvorsam ham men Unga, Quloq solmas U mening fig‘onimga. Yo‘nilgan toshlar bilan U yo‘limni to‘sdi, Yurgan yo‘limni chalkashtirib yubordi. Poyladi U meni ayiqday, Tashlanmoqchi bo‘ldi menga sherday. So‘ng meni sudradi bir chetga, G‘ajidi, tashlab ketdi tang ahvolda. Xudo O‘z yoyini tortdi, O‘qlariga meni nishon qildi. Sadog‘idagi o‘qlari bilan yuragimni teshdi. Mana, endi o‘z xalqim ustimdan kulmoqda, Uzzukun ular meni mazax qilib, qo‘shiq kuylamoqda. Xudo menga achchiq o‘tdan yedirdi, Zaharli suvdan menga ichirdi. Meni oyoq osti qilib, tuproqqa beladi, Shag‘al yedirib, tishlarimni sindirdi. Tinchlik bilmas endi mening jonim, Baxt nimaligini tamom unutdim, Shunda o‘zimga dedim: “Adoyi tamom bo‘ldim! “Barbod bo‘ldi Egamga bo‘lgan umidim!” Kulfatu sargardonlik haqidagi o‘ylarim Zaharli suvga, achchiq o‘tga o‘xshaydi. Bunday o‘ylarga tolgan mening jonim Tushkunlikka tushdi. Biroq men bir narsani yodda tutarman, Shuning uchun doim umid qilarman: Egamning sodiq sevgisi bo‘lmaydi ado, Uning rahm–shafqati tugamas aslo. Har tong ular yangilanadi, Buyukdir Xudoning sadoqati! Qalbimda aytaman: “Egamdir mening bor–yo‘g‘im, Shunday ekan, yolg‘iz Undadir mening umidim.” Egamiz O‘ziga umid bog‘laganlarga yaxshilik qiladi, Unga intilgan har bir jonga ezguligini ko‘rsatadi. Egamizning najotini toqat ila kutish yaxshidir. Yoshlikdan tarbiyaga bo‘ysunish yaxshidir. Rabbimiz tarbiyalaganda, Yolg‘iz o‘tirib, sukut saqlaylik. Bunday vaqtlarda yer o‘pib ta’zim qilaylik, Axir, yana umid bordir. Tarsaki yeganimizda qarshilik qilmaylik, Eshitgan ko‘p haqoratlarni ichimizga yutaylik. Zero, Rabbiy bizni abadiy tashlab qo‘ymaydi! Uning O‘zi bizga qayg‘u keltirgan bo‘lsa–da, O‘zi bizga rahm–shafqat qiladi. Axir, Uning sodiq sevgisi buyukdir! Ha, U insonga g‘am keltirib, ozor berishni xush ko‘rmaydi. Yurtdagi hamma asirlarning oyoq osti bo‘lganini, Odamlar haq–huquqdan mahrum bo‘lganini, Xudoyi Taolo ko‘rib turibdi. Bir yoqlama hukm chiqarilganini Rabbiy bilib turibdi. Rabbiyning ijozatisiz, Hech kimning buyrug‘i bajo bo‘lmas. Yaxshilik ham, yomonlik ham Xudoyi Taoloning amrisiz sodir bo‘lmas. Hanuz hayot ekanmiz, Gunohimiz uchun jazo tortganda nolimaylik! Tutgan yo‘llarimizni yaxshilab tekshiraylik, Egamizga qaytaylik. Qo‘llarimizni osmonga cho‘zib, Chin dildan samodagi Xudoga yolvorib aytaylik: “Ey Egamiz! Biz itoatsizlik qildik, Senga qarshi bosh ko‘tardik, Sen bizni kechirmading. Sen g‘azabga minib, ta’qib qilding bizni, Shafqatsiz qirding hammamizni. Iltijolarimiz Senga yetib bormasligi uchun, Bulutlar bilan oldingni to‘sding. Sen bizni axlatday tashlab yubording, Xalqlar orasida supurindiday qilding. Mana, barcha yovlarimiz ustimizdan kulyapti. Biz vahimaga tushdik, tuzoqqa ilindik, Falokatu halokatga giriftor bo‘ldik.” Sel–sel bo‘lib oqar mening ko‘z yoshlarim, Axir, qirilib ketdi mening xalqim! [49-50] Egamiz osmondan bizga qaramaguncha, Men to‘xtamay obi diyda qilaman, Tinmay ko‘z yosh to‘kaman. *** Quddusdagi hamma qizlarning qismati Yurak–bag‘rimni ezib yubordi! Sababsiz dushmanlik qilayotir menga odamlar, Qushni ovlaganday meni ovladi ular. Meni tiriklayin chuqurlikka tashlashdi, Chuqurlik og‘zini tosh bilan berkitishdi. Suvlar ko‘tarilib oshdi boshimdan, “Ado bo‘ldim” dedim ichimda. Ey Egam, chuqurlik tubidan Senga iltijo qildim. “Dodimni tingla, yopma qulog‘ingni!” dedim. Sen eshitding bu iltijoimni. Yolvorganimda Sen menga yaqinlashding, “Qo‘rqma!” deb o‘shanda menga aytding. Yo Rabbiy, Sen da’voimni himoya qilding, Mening jonimni xalos etding. Ko‘rding menga qilingan nohaqlikni, Ey, Egam, O‘zing yoqlagin meni. Yovlarimning til biriktirganini Sen ko‘rding, Menga qarshi qilgan yovuz niyatlarini bilding. Ey Egam, ular mazax qilganini O‘zing eshitding, Menga qarshi til biriktirganini bilding. G‘animlarim meni g‘iybat qilar, Kun bo‘yi menga piching otar! Qara, ular o‘tirsa ham, tursa ham, Qo‘shiq kuylab, meni mazax qilishar. Ularning qilmishlariga yarasha, Jazosini bergin ey, Egam! Yuraklariga g‘ulg‘ula solgin, Ularni la’natga duchor qilgin, G‘azab bilan ularning ketidan quvla, Yer yuzidan tamomila yo‘q qilib tashla! Voy sho‘rim! Oltin xira tortdi, Sof tilla jilosini yo‘qotdi. Har bir ko‘cha boshida Ma’bad toshlari sochilib yotibdi. Quddusning aziz farzandlari Oltindan ham qadrli edi, Evoh, endi esa ular Kulol yasagan sopol idishday Qadrsiz bo‘lib qoldilar. Hatto chiyabo‘rilar, O‘z bolalarini emizishar. Mening xalqim esa tuyaqushga o‘xshab qoldi, Ular o‘z farzandlariga shafqat qilmaydi. Chaqaloqlar juda chanqagan Tillari tanglayiga yopishib qolgan, Non so‘rab, yosh bolalar tilanchilik qilyapti, Biroq hech kim ularga bir burda ham non bermaydi. Tansiq taomlar yegan odamlar Endi ko‘chalarda ochlikdan o‘lyaptilar. Qimmatbaho libos kiyib o‘sganlar Endi kul uyumlari orasida yotibdilar. Sado‘m shahriga qarshi inson qo‘li ko‘tarilmadi, Ammo bu shahar bir zumda vayron bo‘ldi. Xalqimning tortgan jazosi Sado‘mning jazosidan ham og‘irroq bo‘ldi. Sutdan ham oq, qordan ham oppoq edi Yo‘lboshchilarimizning ko‘ngillari, Marjonday tovlanardi sog‘lom tanalari, Yoqutday ko‘rkam edi ko‘rinishlari. Endi tanib bo‘lmas ularni ko‘chalarda, Ularning yuzlari kuyadan ham qoraroq tusda. Bujmaygan terilari suyaklarga yopishgan, Tarashadan ham battar qurib–qaqshab ketgan. Nobud bo‘lganlar qilich tig‘idan Baxtliroqdir ochlik qurbonlaridan. Zero, qahatchilikka duchor bo‘lganlar Jonlarini asta–sekin taslim qilarlar. Mehribon onalar tuqqan bolalarini O‘z qo‘llari bilan pishirdilar. Xalqim halokatga uchraganda, Bolalari ularga ozuqa bo‘ldi. Egamizning qahr–g‘azabi qaynadi, U achchiq qahrini sochdi, Quddus shahrida olov yondirdi, Olov shaharni poydevorigacha kuydirdi. Dushman Quddus darvozalarini yorib o‘tishiga Yer yuzidagi hukmdorlar ishonmaganlar. Jahondagi odamlar buni hatto xayoliga ham keltirmaganlar. Shahardagi payg‘ambarlarning gunohi, Ruhoniylarning jinoyatlari bunga sabab bo‘ldi. Axir, ular shaharda solih odamning qonini to‘kdilar. Ha, ular o‘z kiyimini qonga bulg‘adilar, Ularning kiyimidan odamlar hazar qiladilar. Ko‘r odamday bu yo‘lboshchilar Ko‘chalarda daydib yuribdilar. “Yo‘qol, harom!” deb baqiradi hamma ularga, “Yo‘qollaring! Yo‘qol! Tega ko‘rmang sizlar bizlarga!” Qochib, g‘aribu musofir bo‘lib yurganda ular, “Bu yerdan chiqib ketinglar”, deb xalqlar ularni haydar. Egamizning O‘zi tarqatib yubordi ularni, Bu yo‘lboshchilarga endi U nazar solmaydi. Ruhoniylarga hech kim hurmat ko‘rsatmaydi, Oqsoqollarga hech kim marhamat qilmaydi. Behuda kutaverib madad, Toldi bizning ko‘zimiz, Madad bera olmaydigan bir xalqqa Umid bog‘lagan ekanmiz. Har bir qadamimizni poyladi yovimiz, O‘z ko‘chalarimizda yurolmadik biz. Bor–yo‘g‘i sanoqli kunimiz qoldi. Bizning umrimiz poyoniga yetdi. Bizni ta’qib qiluvchilar Burgutdan ham tezroq uchishardi, Ular tog‘larda bizni ovlashardi, Cho‘llarda bizni poylashardi. Egamiz tanlagan shoh ularning tuzog‘iga ilindi, Evoh, hayotimiz manbayi u edi. Biz shohimiz soyasida Xalqlar orasida yashaymiz, deb o‘ylagandik. Ey Uz yurtida yashovchi qiz Edom, Xursand bo‘l, shodlan! Biroq sen ham jazo kosasidan ichasan, Mast bo‘lib kiyimingni yechasan. Ey qiz Quddus, jinoyatlaring uchun Sen jazoingni tortib bo‘lding. Endi Egamiz seni surgunda ushlab turmaydi. Ey qiz Edom, sening gunohlaringni esa Egamiz fosh qiladi, Jinoyatlaring uchun U seni jazolaydi. Ey Egam, boshimizga tushgan ko‘rgilikni yodingda tutgin, Qanchalik xor bo‘lganimizni bir ko‘rib qo‘ygin! Mulk qilib olgan yerimiz ajnabiylar qo‘liga tushdi, Kelgindilar uylarimizga ega bo‘lishdi. Otasiz yetimday bo‘lib qoldik biz, Bevaga o‘xshab qoldi onalarimiz. Biz ichgan suvimizga pul to‘laymiz, Yoqqani o‘tinni sotib olamiz. Yovlarimiz ta’qib qilib, qo‘ymas bizni holimizga, Charchab ketdik, tinim yo‘q bizga. To‘yguncha non yeymiz deb, Misr va Ossuriya bilan biz sulh tuzdik. Ajdodlarimiz gunoh qilib, o‘tib ketdi, Ammo ularning jazosini biz tortyapmiz endi. Bizga hukmronlik qilayotir qullar, Ular zulmidan bizni kim qutqarar?! Non izlaymiz, jonimizni qo‘yib xavf ostiga, Chunki kallakesarlar pisib yotibdi dalalarda. Ocharchilik dastidan chiqqan issig‘imiz, Tandirday qizigan bizning badanimiz. G‘animlarimiz Quddusda ayollarni zo‘rlashdi, Yahudo shaharlarida qizlarning nomusiga tegishdi. Qo‘llaridan osishdi yo‘lboshchilarimizni, Xor qilishdi oqsoqollarimizni. Yigitlar tegirmon toshini tortyapti, O‘g‘lonlar og‘ir o‘tin ostida gandiraklab qoldi. Shahar darvozasida oqsoqollar o‘tirmaydigan bo‘ldi, Yigitlar shodon kuylar chalmaydigan bo‘ldi. Ko‘nglimizni shodlik tark etdi, O‘yin–kulgimiz azaga aylandi. Boshimizdagi tojimiz tushib ketdi, Gunoh qildik! Sho‘rimiz quridi! Dardu alamga to‘ldi yuragimiz, Yig‘layverib xiralashdi ko‘zimiz. Axir, Sion tog‘i huvullab qoldi, Chiyabo‘rilar u yerda izg‘ib yuribdi. Sen esa, ey Egam, abadiy hukmronlik qilasan, Avlodlar osha O‘z taxtingda o‘tirasan. Nechun bizni Sen tamom unutding? Nechun uzoq vaqtga tashlab qo‘yding? Ey Egam, bizni O‘zingga yuz burdirgin, Toki Senga qaytaylik. Qadimgi ulug‘vorligimizni tiklagin. Nahotki Sen bizdan butunlay voz kechding?! Qahru g‘azabingning had–poyoni bordir, axir! [1-3] O‘ttizinchi yil, to‘rtinchi oyning beshinchi kuni. Men, Buzi o‘g‘li ruhoniy Hizqiyol, surgunda yashayotgan odamlar bilan birga Bobildagi Kavor daryosining bo‘yida edim. Shunda osmon qopqasi ochildi–da, Xudodan menga vahiylar keldi. Bu voqea shoh Yohayixin surgundaligining beshinchi yilida sodir bo‘ldi. O‘sha kuni Kavor daryosi bo‘yida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi. Men Egamizning qudratini yaqqol sezib turar edim. *** *** Qarasam, shimoldan bo‘ron turdi. Ulkan bir bulutdan chaqmoq chaqar edi, bulut atrofi yarqirab turardi. Bulutning olovli markazi sayqal misday tovlanardi. O‘shaning o‘rtasida men to‘rtta jonli mavjudotni ko‘rdim. Ular inson qiyofasida edi. Ammo har birining to‘rtta yuzi va to‘rtta qanoti bor edi. Ularning oyoqlari tekis bo‘lib, buzoqning tuyoqlariga o‘xshash tuyoqlari bor edi. Tuyoqlar yaltiroq bronza kabi tovlanib turardi. Qanotlari ostida odam qo‘liga o‘xshagan qo‘llari bor edi. Mavjudotlar bir–biriga orqa o‘girib turar edilar, qanotlarining uchlari bir–biriga tegib turardi. Ular har tomonga birgalikda yurardilar, yurganlarida burilmas edilar. Mavjudotlarning yuzlariga kelsak, ular to‘rt xil edi: old tomonida inson yuzi, o‘ng tomonida sher yuzi, chap tomonida buqa yuzi va orqa tomonida burgut yuzi bor edi. Mavjudotlarning bir juft qanoti tepaga yoyilgan bo‘lib, yonidagi mavjudotlarning qanotlariga tegib turardi. Qolgan bir juft qanoti esa tanasini yopib turardi. Mavjudotlar to‘g‘riga qarab yurishar edi. Ruh ularni qayerga yo‘naltirsa, ular o‘sha yerga borishardi, yurganda burilmasdi. Jonli mavjudotlarning ko‘rinishi yonayotgan ko‘mirga yoki mash’alaga o‘xshar edi. Mavjudotlarning orasida olov aylanib yurardi. Bu olov chaqnardi, undan chaqmoq chaqib turar edi. Mavjudotlarning o‘zlari ham chaqmoq tezligi bilan u yerdan bu yerga borib kelishardi. Men to‘rtta mavjudotni tomosha qilib turganimda, mavjudotlar yonidagi g‘ildiraklarni ko‘rdim. Har bir mavjudotning yonida bittadan g‘ildirak bor edi. G‘ildiraklar yerga tegib turardi. To‘rttala g‘ildirakning ko‘rinishi va tuzilishi bir xil edi. Ular qimmatbaho toshday tovlanardi. Har bir g‘ildirakning ichida ko‘ndalangiga solingan yana bittadan g‘ildiragi bor edi. Shu sababdan g‘ildiraklar harakatga kelganda, to‘rt tomonga yura olar edi, yurganda burilmasdi. G‘ildiraklarning gardishlari baland va bahaybat edi. Ularning gir aylanasi ko‘zlar bilan qoplangan edi. Jonli mavjudotlar yurganda, yonlaridagi g‘ildiraklar ham harakatga kelardi. Yerdan ko‘tarilganda, g‘ildiraklar ham ular bilan birga ko‘tarilardi. [20-21] Mavjudotlardagi ruh g‘ildiraklarda ham edi. Shu sababdan ruh mavjudotlarni qayerga yo‘naltirsa, mavjudotlar o‘sha yerga borishardi, g‘ildiraklar ham ular bilan birga harakatga kelardi. Mavjudotlar yurganda, ular ham yurar edi, to‘xtaganda to‘xtar edi, yerdan ko‘tarilganda ko‘tarilar edi. *** Mavjudotlarning boshlari uzra gumbazga o‘xshash bir narsa bor edi, o‘sha narsa billurdek tovlanardi. Qanotlarini yoygan mavjudotlar gumbaz ostida edi. Ularning qanotlari bir–biriga tegib turardi. Ikkinchi juft qanotlari esa badanlarini yopib turardi. Ular qanot qoqib uchardilar. Qoqqan qanotlarining tovushi shovullagan dengiz tovushiday, Qodir Xudoning gumburlagan ovoziday, ulkan lashkarning shovqin–suroniday edi. Mavjudotlar to‘xtaganda qanotlarini yig‘ishtirib olishardi. Ular to‘xtab, qanotlarini yig‘ishtirib oldilar. Shunda boshlari tepasidagi gumbaz uzra bir ovoz yangradi. Gumbaz ustida zangori yoqutdan yasalgan taxtga o‘xshash bir narsa bor edi. Taxt ustida inson qiyofasidagi bir zot o‘tirardi. O‘sha kimsaning belidan yuqori qismi sayqal misday yarqirardi, atrofini olov o‘ragandi. Belidan pastki qismi esa otash kabi porlardi. Uning butun borlig‘i nur taratib turardi. O‘sha nur yomg‘irdan keyin bulutlar orasida paydo bo‘ladigan kamalakdek jilvalanardi. Bu yog‘du Egamizning ulug‘vorligini aks etardi. Men buni ko‘rishim bilanoq yerga muk tushdim, so‘ng bir ovoz eshitdim. O‘sha ovoz menga dedi: — Ey inson, o‘rningdan tur, Men sen bilan gaplashmoqchiman. Ovoz menga gapirayotganda Ruh ichimga kirib, meni turg‘izib qo‘ydi. Men gapning davomini tingladim. U menga shunday dedi: — Ey inson, Men seni itoatsiz Isroil xalqining oldiga yuboraman. Ular Menga qarshi bosh ko‘tarishdi. Ularning o‘zlari ham, ota–bobolari ham shu kungacha Menga qarshi gunoh qilib kelishgan. Bu xalq qaysar va o‘jardir. Men seni ularning oldiga yuboraman. Sen ularga: “ Egamiz Rabbiy shunday demoqda”, deb gapirasan. Bu isyonkor xalq gapingga quloq soladimi, yo‘qmi, Men ularning oldiga payg‘ambarni yuborganimni bilib qo‘yishsin. Sen esa, ey inson, ulardan hayiqma, ularning gaplaridan qo‘rqma. Atrofingni yantog‘u tikanaklar o‘rab olsa ham, chayonlar orasida yashasang ham qo‘rqma. Ularning gaplaridan cho‘chima, ularning vajohatidan dahshatga tushma. Bu isyonkor xalq senga quloq soladimi, yo‘qmi, ularga Mening gaplarimni yetkaz. Sen esa, ey inson, bu isyonkor xalqqa o‘xshama. Og‘zingni och. Men senga beradigan narsani yegin. Qarasam, men tomon bir qo‘l cho‘zildi. Qo‘lda bir o‘rama qog‘oz bor edi. Qo‘l o‘ramni ochib, menga ko‘rsatdi. O‘ramning oldi va orqa tomonlariga marsiya, motam va qayg‘u so‘zlari yozilgan edi. U menga shunday dedi: — Ey inson, Men senga berayotgan bu o‘rama qog‘ozni olib yegin. So‘ng Isroil xalqining oldiga borib, aytganlarimni ayt. Men og‘zimni ochdim, U menga o‘sha o‘rama qog‘ozni yegani berdi. U menga dedi: “Qog‘ozning hammasini yeb, qorningni to‘yg‘az.” Men qog‘ozni yedim, uning ta’mi asalday shirin edi. U menga yana shunday dedi: — Ey inson, endi borib, Isroil xalqiga Mening gaplarimni ayt. Men seni qiyin va murakkab tilda gapiradigan xalq oldiga emas, balki Isroil xalqi oldiga yuboryapman. Agar Men seni so‘zlari tushunarsiz bo‘lgan ko‘p xalqlar oldiga yuborganimda edi, ular senga albatta quloq solishgan bo‘lar edi. Ammo Isroil xalqi senga quloq solmaydi, ular hatto Menga ham quloq solishmaydi. Ha, bu xalq qaysar va o‘jardir. Mana qara, Men seni ular kabi qaysar va o‘jar qilaman. Sening boshing toshday qattiq, qayroqtoshdan ham qattiqroq bo‘ladi. Ular isyonkor xalq bo‘lsa–da, sen ulardan cho‘chima, dahshatga tushma. U gapida davom etib shunday dedi: — Ey inson, senga aytadigan gapimni ikki qulog‘ing bilan yaxshilab eshitib, hammasini dilingga tugib olgin. So‘ng surgundagi yurtdoshlaring oldiga bor. Ular senga quloq soladimi, yo‘qmi, ularga “ Egamiz Rabbiy shunday demoqda” deb gaplarimni yetkaz. Ruh meni ko‘tardi. Shunda men orqadan kelayotgan baland gumburlagan tovushni eshitdim. O‘sha tovush: “ Egamizning ulug‘vorligini Uning makonida madh qilinglar”, deb aytayotgan edi. Men jonli mavjudotlarning bir–biriga ishqalangan qanotlarining tovushini va yonlaridagi g‘ildiraklarning guldurosini ham eshitdim. Ruh meni boshqa yoqqa olib ketdi. Men achchiqlanib, jahlim chiqa boshladi. Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. Men Ovuv tepaligida, Kavor daryosining bo‘yida yashayotgan surgunlarning oldiga bordim. O‘sha yerda yetti kun davomida o‘zimga kela olmay gangib o‘tirdim. Yetti kundan keyin Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: — Ey inson, Men seni Isroil xalqiga soqchi qilib tayinladim. Og‘zimdan chiqqan har bir gapimni aytib, ularni ogohlantirasan. Agar Men fosiqqa “Sen albatta o‘lasan”, deb aytsam–u, sen esa o‘sha odamni bu haqda ogohlantirmasang, hayotini saqlab qolay deb, uni fosiqlik yo‘lidan qaytarmasang, o‘sha odam o‘z gunohi uchun o‘ladi. Biroq uning o‘limi uchun Men seni javobgar qilaman. Agarda sen fosiqni ogohlantirsang–u, u esa fosiqlik yo‘lidan qaytmasa, u o‘z gunohi uchun o‘ladi, sen esa o‘z joningni asrab qolgan bo‘lasan. Agar solih kishi yomon yo‘lga kirib, gunohga qo‘l ursa va Men unga to‘g‘onoq solsam, u nobud bo‘ladi. Bordi–yu, sen o‘sha odamni ogohlantirmagan bo‘lsang, u o‘zining gunohi uchun nobud bo‘ladi. Men uning qilgan savob ishlarini esga olmayman. Uning o‘limi uchun seni javobgar qilaman. Bordi–yu, sen solih kishini yomon yo‘ldan qaytarsang, u senga quloq solgani uchun yashaydi. Sen esa o‘z joningni asrab qolgan bo‘lasan. Egamiz menga O‘z qudratini ato etib, shunday dedi: — Qani tur, vodiyga tush. Men sen bilan o‘sha yerda gaplashaman. Men turib, vodiyga tushdim. Egamizning ulug‘vorligi menga zohir bo‘ldi. U yerda ko‘rgan Egamizning ulug‘vorligi xuddi Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan ulug‘vorlikka o‘xshar edi. Men muk tushdim. Ruh vujudimga kirib, meni oyoqlarimga turg‘izib qo‘ydi. So‘ng Egamiz menga shunday dedi: “Uyingga kirib, eshiklarni ichidan qulflab ol. Sen ko‘chaga chiqa olmasliging uchun seni arqonlar bilan bog‘lashadi. Sen bu isyonkor xalqqa tanbeh bera olmasliging uchun, Men seni gung qilib, tilingni tanglayingga yopishtirib qo‘yaman. Ammo ularga aytadigan gapim bo‘lganda, seni yana tilga kiritaman. Ularga: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda”, deb gapirasan. Senga quloq soladiganlar quloq solishsin, quloq solishni xohlamaganlar esa solishmasin. Axir, ular isyonkor xalq–ku! Ey inson, bir g‘isht olib oldingga qo‘y, uning ustiga Quddus rasmini chiz. Rasmdagi shaharni qamal qilib, atrofiga qamal inshootlarini bildiruvchi uyumlarni qil, shahar devoriga qiyalatib tuproq uy, dushman qarorgohlarini o‘rnat, shaharning gir aylanasiga devorteshar qurollarni joylashtir. Keyin tovani ol. Tovani temir devor kabi o‘zing bilan rasmdagi shaharning orasiga o‘rnat. So‘ng shaharga yuzlan, sen shaharni qamal qilgan bo‘lasan. Bu Isroil xalqi uchun bir alomat bo‘ladi. So‘ng chap tomoningga yonboshlab, o‘z gardaningga Isroil xalqining gunohlarini ol. Sen chap tomoningda yotgan paytingda ularning gunohi uchun jazo tortgan bo‘lasan. Ular gunoh qilgan yillarning soniga ko‘ra, Men sen uchun kunlarni ajratdim. Sen 390 kun davomida Isroil xalqining gunohi uchun jazo tortasan. Belgilangan vaqt tugagach, o‘ng tomoningga yonboshlab yotgin. Bu safar sen 40 kun davomida Yahudo xalqining gunohi uchun jazo tortasan. Bir kun bir yil hisoblanadi. Quddus ramzi bo‘lgan g‘ishtga yuzlan, qo‘lingni panshaxa qilib, qamal qilingan shaharga qarshi bashorat qil. Mana, qamalingning muddati tugamaguncha bir tomondan boshqa tomonga o‘girilmasliging uchun, Men seni arqonlar bilan bog‘lab tashlayman. Endi borib o‘zing uchun bug‘doy, arpa, loviya, yasmiq doni, tariq va qizil bug‘doyni olib, bir xumchaga sol. Sen ulardan o‘zingga non tayyorlaysan. 390 kun chap tomoningga yonboshlab yotib, o‘sha nondan yeysan. Bir kunlik yeydigan ozuqangning miqdori 50 misqolni tashkil qilishi kerak. Har kuni belgilangan vaqtdagina uni yeyishing shart. Suvni ham belgilangan vaqt va belgilangan miqdorda ichasan. Kuniga bir kosa suv ichasan. O‘tin o‘rniga odam tezagini ishlatasan, odamlarning ko‘zi oldida non yopib yeysan.” Egamiz shunday dedi: — Men Isroil xalqini begona xalqlar orasiga surgun qilganimda, ular ham xuddi shunday harom nonni yeydigan bo‘ladilar. — Yo Egam Rabbiy! — deya yolvordim men, — men hech qachon o‘zimni bulg‘agan emasman. O‘zi o‘lib qolgan yoki hayvonlar g‘ajigan jonivorning go‘shtini yoshligimdan yegan emasman. Hech qanday harom go‘shtni og‘zimga olgan emasman! U menga shunday javob berib dedi: — Xo‘p mayli, odam tezagining o‘rniga mol tezagini ishlataqol. Tezak yoqib, non yopib yeysan. So‘ng gapida davom etib dedi: — Men Quddus aholisini nonga zor qilib qo‘yaman. Ular qo‘rquv ichra nonni o‘lchab yeydilar, umidsizlanib suvini taqsimlab ichadilar. Suv va nonning tanqisligidan odamlar bir–birlariga dahshat ichra qaraydilar. Tortgan jazosidan ado bo‘ladilar. Egamiz shunday dedi: “Ey inson, o‘tkir bir qilich ol. Ustara o‘rniga o‘shani ishlatib, soching bilan soqolingni qirib tashlagin. So‘ng sochingni tarozida o‘lchab, teng uch qismga bo‘lgin. Shaharning qamal kunlari tugaganda sochingning bir qismini g‘ishtga chizilgan shahar o‘rtasida yondir. Ikkinchi qismini shahar atrofiga sochib tashlab, qilich bilan maydala. Uchinchi qismini esa shamolda uchirtirib yuborgin. Men qilichimni yalang‘ochlab, shahar aholisini ta’qib qilaman. Sochingning ozginasini olib, choponingning etagiga qistirib qo‘y. O‘sha sochingning bir qismini olovga tashlab, yondirib yubor. Undan chiqqan olov avj olib, butun Isroil xonadoniga yoyiladi.” Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: “Mana, Quddusga bir qarang. Men uni xalqlarning o‘rtasiga joylashtirdim, boshqa yurtlar uni o‘rab turibdi. Ammo u qonun–qoidalarimga qarshi chiqdi, atrofdagi xalqlardan ko‘ra, ko‘proq qabihlik qildi. U qonun–qoidalarimni rad etdi, farmonlarimga bo‘ysunmadi.” Shuning uchun Egamiz Rabbiy Quddusga aytmoqda: “Sizlar badkirdorlikda atrofingizdagi xalqlardan ham o‘tib tushdingiz. Farmonlarimga bo‘ysunmadingiz, qonun–qoidalarimga rioya etmadingiz. Hatto boshqa xalqlarning udumlarini ham bajarmadingiz.” Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: “Ey Quddus ahli, Men O‘zim sizlarga qarshi chiqaman. Xalqlarning ko‘zi oldida sizlarni jazolayman. Qilgan jirkanch ishlaringiz tufayli Men boshingizga dahshatli bir ko‘rgilik keltiraman. Men bunaqasini hech qachon qilmaganman va bundan keyin ham qilmayman. Quddusda ota–onalar o‘z farzandlarining etini, farzandlar esa o‘z ota–onalarining etini yeydilar. Men sizlarni jazolayman, omon qolganlaringizni dunyoning to‘rt tomoniga tarqatib yuboraman. Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni yo‘q qilaman. Sizlar muqaddas maskanimni makruh butlaru jirkanch odatlaringiz bilan harom qildingiz. Shuning uchun sizlarga achinmayman, rahm qilmayman. Xalqingizning uchdan bir qismi o‘latu qahatchilikdan nobud bo‘ladi. Ikkinchi qismi jangda, shahar tashqarisida qirilib ketadi. Qolgan qismini esa Men to‘rt tomonga tarqatib yuboraman, qilichimni yalang‘ochlab ta’qib qilaman. Shunda g‘azabimdan tushaman, qahrimni ularga sochib bo‘lganimdan keyingina taskin topaman. Qahrimni ularga sochib bo‘lganimdan keyin, Men, Egangiz, rashk ustida gapirganimni ular bilib oladilar. Men sizlarni xonavayron qilaman. Yon–atrofda yashovchi xalqlar hamda o‘tgan–ketgan odamlar sizlarni mazax qiladilar. Men sizlarni qahru g‘azab bilan hukm qilganimda, jahl ustida qattiq jazolaganimda, atrofdagi xalqlar dahshatga tushadilar. Ular bundan saboq oladilar, sizlarni esa mazax qilib, ustingizdan kuladilar. Bularni Men, Egangiz aytdim. Men ustingizga qahatchilikning halokatli o‘qlarini yog‘diraman, sizlarni yo‘q qilaman. Shahardagi ocharchilikni avjiga chiqaraman, sizlarni bir burda nonga zor qilaman. Men ustingizga qahatchiligu yovvoyi hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni farzandlaringizdan judo qiladi. O‘latu qotillik yurtingizda hukm suradi, Men sizlarga qarshi dushman qilichini yalang‘ochlayman. Bularni Men, Egangiz aytdim.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil tog‘lariga yuzlan. Ularga qarshi shunday bashorat qil: Ey Isroil tog‘lari, Egamiz Rabbiyning so‘zlarini eshitinglar! Egamiz Rabbiy tog‘laru qirlarga, jarliklaru vodiylarga shunday deb aytmoqda: Men O‘zim sizlarga qarshi qilich yuboraman, butlarga atagan barcha sajdagohlaringizni vayron qilaman. Qurbongohlaringiz buzib tashlanadi, tutatqi qurbongohlaringiz parcha–parcha qilinadi. Men odamlaringizni butlaringiz oldida qirib yuboraman. Isroil xalqining jasadlarini butlaringiz oldiga tashlayman, suyaklarini qurbongohlaringiz atrofiga sochaman. Hamma shaharlaringizni yakson qilaman, sajdagohlaringizni vayron etaman. Shunda qurbongohlaringiz buziladi, butlaringiz parcha–parcha qilinadi, tutatqi qurbongohlaringiz qo‘porib tashlanadi, qo‘llaringiz yaratgan hamma narsa supurib tashlanadi. Butun yurt jasadlarga to‘ladi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Men ba’zi bir odamlarning jonini qirg‘indan saqlab qolaman. Biroq ularni boshqa yurtlarga, begona xalqlar orasiga quvib yuboraman. Ular begona xalqlar orasiga surgun qilinganda Meni eslaydilar. Meni rad etgan vafosiz qalblariyu, butlar ketidan qaragan hirsli ko‘zlari dilimga qanchalik ozor yetkazganini tushunib oladilar. Ular qilgan qabihliklari va jirkanch ishlari uchun o‘z–o‘zlaridan hazar qilib, nafratlanadilar. O‘shanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Boshlariga keladigan falokat haqida Men ularni jiddiy ogohlantirganimni biladilar.” Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: “Qani bo‘l, ko‘ksingga ur, yerni tep. Shunday deb xitob qil: — Qabihlikka qo‘l urgan Isroil xalqining holiga voy! Ular qilichdan, ocharchiligu o‘latdan nobud bo‘ladilar! Uzoqlarda bo‘lganlar o‘latdan o‘ladi. Yaqinda bo‘lganlar qilichdan o‘tkaziladi. Omon qolganlar ocharchilikdan nobud bo‘ladi. Shu yo‘l bilan Men ularning ustilariga qahrimni sochaman. Ularning jasadlari butlari orasida, qurbongohlari atrofida, har bir baland tepalikda, barcha tog‘ cho‘qqilarida, har bir yashil daraxtu sersoya eman ostida — xalqim butlarga atab xushbo‘y xidli qurbonliklar keltirgan har bir joyda yotadi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Men ularga qarshi qo‘limni ko‘taraman. Butun yurtni, sahrodan tortib, to Rivlo shahrigacha vayron qilib, tashlandiq yerga aylantiraman. O‘shanda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Egang Rabbiy Isroil yurti haqida shunday deb aytmoqda: Kuni bitdi! Butun yurtning kuni yetdi! Ey Isroil, sening kuning bitdi, Men qahrimni ustingga sochaman. Tutgan yo‘ling uchun seni hukm qilaman, jirkanch odatlaring uchun jazolayman. Senga achinmayman, rahm ham qilmayman. Tutgan yo‘ling uchun, jirkanch odatlaring uchun adabingni beraman. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan.” Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: “Dahshatli kulfat! Mana, kulfat kelmoqda! Kuning bitdi! Evoh, kuning bitdi! Mana, balo boshingga yetdi! Ey, yurtda yashovchi odam, halokating keldi! Tog‘larda xursandchilik emas, sarosima hukm suradigan kun keldi. Ko‘p o‘tmay seni g‘azabimga giriftor etaman, jahlimdan tushmagunimcha qahrimni ustingga sochaman. Tutgan yo‘ling uchun seni hukm qilaman, jirkanch odatlaring uchun jazolayman. Senga achinmayman, rahm qilmayman. Tutgan yo‘ling uchun, jirkanch odatlaring uchun adabingni beraman. O‘shanda seni jazolagan Egang Men ekanligimni bilib olasan. Ana, kulfat kuni yetib keldi! Halokat boshingga tushdi! Zo‘ravonlik gulladi, mag‘rurlik kurtakladi. Zo‘ravonlik fosiqlikni jazolaydigan xivichga aylandi. Bu odamlarning birontasi omon qolmaydi. To‘kinligu boyligi, dabdabasi yo‘q bo‘ladi. O‘sha vaqt keldi! O‘sha kun yaqinlashdi! Xaridor xarid qilgan narsasidan quvonmasin, sotuvchi ko‘rgan zararidan g‘am chekmasin. Mening g‘azabim butun olomon ustiga birday yog‘iladi. Sotuvchi bilan xaridor tirik qolgan taqdirda ham, sotuvchi sotgan yerini qaytarib ololmaydi. Butun olomonga tegishli bu bashoratni qaytarib bo‘lmaydi. Gunoh qilganlari uchun ularning birortasi o‘z hayotini saqlab qololmaydi. Burg‘ular chalindi, hammasi tayyor bo‘ldi. Ammo jangga hech kim kirmadi, chunki Mening g‘azabim butun olomon ustiga yog‘iladi. Ko‘chada jang bo‘lmoqda. Ichkarida ocharchiligu o‘lat hukm surmoqda. Daladagilar jangda halok bo‘ladilar, shahardagilar ocharchiligu o‘latdan o‘ladilar. Omon qolganlar dashtdagi kabutarlarday tog‘larga qochadi. Ular gunoh qilganlari uchun ingraydi. Odamlarning qo‘llarida mador qolmaydi, ishtonlari ho‘l bo‘ladi. Ular qanorga o‘ranishadi, dahshat ularning yopinchig‘i bo‘ladi. Yuzlari shuvut, boshi kal bo‘ladi. Kumushlarini ko‘chaga uloqtirishadi, oltini axlat kabi bo‘ladi. Egamizning g‘azab kunida kumushu oltini ularga najot bera olmaydi. Ularning nafsini qondirmaydi, och qorinlarini to‘yg‘izmaydi. Ha, oltinu kumush xalqimga to‘g‘onoq bo‘ldi. Ular ko‘z–ko‘z qilib yurgan chiroyli oltin bezaklaridan makruh xudolaru jirkanch butlarni yasadilar. Shu sababdan Men boyliklarini ular uchun axlat kabi qilaman.” “Men o‘sha boyliklarni kelgindilarga o‘lja qilib beraman, dunyoning fosiqlariga talataman. Ular xalqimning bisotini harom qiladilar. Men xalqimdan yuzimni o‘giraman. Shunda ular aziz uyimni bulg‘aydilar. Ha, zo‘ravonlar bostirib kelib, uni bulg‘aydilar.” “Xalqim uchun zanjirlar tayyorlang! Zero, yurtda qotillik avjga chiqqan. Quddus shahri zo‘ravonlikka to‘lgan. Men yurtimga eng vahshiy xalqlarni boshlab kelaman. Ular xalqimning uylariga egalik qilishadi. Men kuchlilarning mag‘rurligiga chek qo‘yaman. Xalqimning sajdagohlari harom qilinadi. Dahshatu alam xalqimni qamrab oladi. Ular tinchlikka intilishadi, ammo tinchlik bo‘lmaydi. Kulfat ketidan kulfat keladi, mish–mish ketidan mish–mish tarqaladi. Odamlar bashorat qidirib, payg‘ambar oldiga behuda borishadi. Ruhoniylar ta’limot berishga, oqsoqollar maslahat berishga ojiz bo‘ladilar. Shunda shoh qayg‘uga botadi, shahzodalar tushkunlikka tushadilar. Qo‘rqqandan yurt ahlining qo‘li titraydi. Men ularni qilgan qilmishlariga yarasha jazolayman. Ular boshqalarni qanday hukm qilgan bo‘lsa, Men ham ularni xuddi shunday hukm qilaman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Surgun bo‘lgan paytimizning oltinchi yili oltinchi oyning beshinchi kunida Yahudo oqsoqollari meni ko‘rgani uyimga kelishdi. Men ular bilan o‘tirganimda, Egam Rabbiyning qudrati meni qamrab oldi. Qarasam, inson qiyofasidagi bir kishi turibdi. O‘sha kimsaning belidan pastki qismi olovday chaqnar edi. Yuqori qismi esa sayqallangan misday nur taratib turar edi. U qo‘lga o‘xshash bir uzvini uzatib, meni sochimdan tutdi. So‘ng Ruh meni zamin uzra ko‘tardi–da, Xudoning mana shu vahiysida Quddus shahriga olib ketdi. U meni Ma’badning ichki hovlisidagi shimoliy darvozaning oldida turgan katta bir but oldiga olib bordi. Bu but Xudoning rashkini qo‘zg‘atardi. O‘sha yerda Isroil Xudosining ulug‘vorligi bor edi. Men bunday vahiyni vodiyda ham ko‘rgan edim. Xudo menga shunday dedi: “Ey inson, shimol tomonga nazar tashla.” Men shimol tomonga nazar tashladim. Xudoning rashkini qo‘zg‘atadigan o‘sha but qurbongoh yonidagi darvozaning kiraverishida turardi. Shunda Xudo menga dedi: “Ey inson, xalqimning qilmishini ko‘rdingmi? Ular bu yerda jirkanch ishlarni qilib, Meni muqaddas maskanimdan haydab yubormoqchilar. Qani yur, Men senga bundan battarini ham ko‘rsataman.” U meni Ma’badning tashqi hovlisi kiraverishiga olib bordi. Qarasam devorda bir teshik bor ekan. U menga dedi: “Ey inson, qani bo‘l, devordagi teshikni kattalashtir.” Men devordagi teshikni kattalashtirdim, shunda bir eshikka duch keldim. Xudo menga dedi: “Ichkariga kir. Bu yerda qilinayotgan o‘taketgan jirkanch ishlarni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib qo‘y.” Men ichkariga kirdim. Devorlarning aylanasiga sudralib yuruvchi jonivorlarning va harom hayvonlarning rasmlari hamda Isroil xalqi sig‘inadigan barcha butlarning tasvirlari solingan edi. Tasvirlarning oldida Isroil xalqining yetmishta oqsoqoli turgan edi. Shofon o‘g‘li Yazaniyo ham o‘shalarning orasida edi. Har birining qo‘lida bittadan otashkurak bor edi. Otashkuraklardan yonayotgan tutatqilarning xushbo‘y tutuni ko‘tarilardi. Xudo dedi: “Isroil oqsoqollarining butlarga to‘la qorong‘i xonada nima qilayotganini ko‘rdingmi? Ular shunday deydilar: ‘ Egamiz bizni ko‘rmayapti, U yurtimizni tark etgan.’” So‘ng Xudo yana dedi: “Qarab tur, Men senga bundan ham battarog‘ini ko‘rsataman.” So‘ng Egamiz meni uyining shimoliy darvozasi yoniga olib bordi. U yerda xotinlar o‘tirib, xudo Tammuz uchun qayg‘urib yig‘layotgan edilar. Shunda Xudo dedi: “Ey inson, buni ko‘rdingmi?! Men senga bundan ham battarrog‘ini ko‘rsataman.” Egamiz meni uyining ichki hovlisiga olib kirdi. Uyning kiraverishida, ayvon va qurbongoh orasida yigirma besh nafar kishi turar edi. Ular Ma’badga orqasini o‘girib, sharqdan chiqayotgan quyoshga sajda qilayotgan edilar. Egamiz menga shunday dedi: “Ana ko‘rdingmi, inson? Yahudo xalqining mana shu yerda qilayotgan jirkanch ishlari yetmasmidi?! Ular butun yurtni zo‘ravonlikka to‘ldirmoqdalar, hadeb qahrimni keltirmoqdalar. Meni haqorat qilayotganlarini bir ko‘rib qo‘y! Shuning uchun Men ularning ustiga g‘azabimni sochaman. Ularga achinmayman, rahm qilmayman. Ovozlari boricha Menga xitob qilishsa ham, ularga quloq solmayman.” Men Xudoning jarangdor ovozini eshitdim. U baland ovozda dedi: “Ey shaharni jazolash uchun tayinlanganlar, qurollaringizni olinglar. Bu yerga kelinglar!” Shu onda shimoldagi Yuqori darvoza tomonidan olti kishi keldi. Har birining qo‘lida halokatli quroli bor edi. Ularning orasida zig‘ir tolasidan to‘qilgan libos kiygan, beliga esa kotiblik asboblarini taqib olgan bir kimsa ham bor edi. Kelgan odamlarning hammasi ichkariga kirib, bronza qurbongohning yoniga borib turishdi. Karublar ustidagi Isroil Xudosining ulug‘vorligi o‘z joyidan ko‘tarilib, uyning ostonasiga bordi. So‘ng Egamiz zig‘ir libos kiygan kishini chaqirib, dedi: “Borib shaharning hamma joyini aylanib chiq. Shaharda qilinayotgan jirkanch ishlardan siqilib, zorlangan kishilarning peshanasiga belgi qo‘y.” Qurollangan olti kishiga esa Egamizning shunday deganini eshitdim: “Unga ergashinglar. Butun shaharni aylanib chiqinglar. Odamlarni o‘ldiringlar, ularga achinmanglar, rahm qilmanglar. Qariyalarni, yigitu qizlarni, ayolu bolalarni, hammasini o‘ldiringlar, ammo peshanasiga belgi qo‘yilgan bironta odamga ham zarar yetkazmanglar. Buyrug‘imni bajarishni shu yerdan, muqaddas maskanimdan boshlanglar.” Shunday qilib, ular qirg‘inni Egamizning uyi oldida bo‘lgan oqsoqollardan boshladilar. Egamiz dedi: “Uyimni harom qilinglar! Hovlini jasadlarga to‘ldiringlar. Qani boshlanglar!” Qurollangan odamlar shaharga borib, u yerdagilarni halok qildilar. Ular buyruq bajargani ketganlarida, men yolg‘iz o‘zim qoldim. Men yerga muk tushib, Xudoga iltijo qildim: “Yo Egamiz Rabbiy! Sen g‘azabingni Quddusga sochib, Isroilning qolgan–qutgan xalqini ham yo‘q qilib yubormoqchimisan?” U menga shunday javob berdi: “Isroil va Yahudo xalqlari og‘ir gunohga qo‘l urishdi. Ular butun yurtni qonga belashdi, Quddus shahrini adolatsizlikka to‘ldirishdi. Ular: “Egamiz yurtimizni tark etgan, U bizni ko‘rmayapti”, deb aytishyapti. Men esa ularga achinmayman, rahm qilmayman. Qilgan barcha qilmishlariga yarasha jazosini beraman.” Shu orada zig‘ir libosli, beliga kotib asboblarini taqib olgan kishi qaytib kelib, “Amrlaringizni bajo ayladim”, dedi. Qarasam, karublar tepasidagi gumbaz uzra zangori yoqutga o‘xshash bir narsa paydo bo‘ldi. O‘sha narsa taxt shaklida edi. Xudo zig‘ir libos kiygan kishiga shunday dedi: “Qani bo‘l, karublar ostidagi g‘ildiraklar orasiga kirib, u yerdan bir hovuch yonayotgan qo‘mirdan olib chiq. Ko‘mirni shaharning hamma yog‘iga sochib tashla.” O‘sha kishi g‘ildiraklar orasiga kirib ketdi. Men esa uni kuzatib turdim. U kirgan paytda karublar Egamiz uyining janub tomonida turgan edilar, ichki hovlini esa bulut qoplagan edi. So‘ng Egamizning ulug‘vorligi karublar uzra ko‘tarilib, uyning ostonasiga borib to‘xtadi. Shu onda uy bulutga to‘ldi, butun hovli Egamizning ulug‘vorligidan chaqnab yorishib ketdi. Karublar qanotlarini qimirlatganlarida shunday shovqin ko‘tarilar ediki, uni hatto tashqi hovlidan turib eshitsa ham bo‘lar edi. Bu shovqin Qodir Xudoning ovoziga o‘xshab ketar edi. Egamiz zig‘ir libos kiygan kishiga: “Karublarning o‘rtasiga kir, g‘ildiraklar orasidagi yonayotgan ko‘mirdan olib chiq”, deb amr berganda, o‘sha kishi bitta g‘ildirakning oldiga borib turdi. Shunda karublardan biri qo‘lini uzatib, biroz yonayotgan ko‘mirdan oldi–da, zig‘ir libos kiygan kishining qo‘liga tutdi. U kishi yonayotgan ko‘mirni olib ketdi. Har bir karubning qanoti ostida inson qo‘liga o‘xshagan qo‘li bor edi. Qarasam, karublar yonida to‘rtta g‘ildirak turibdi. Har bir karubning yonida bittadan g‘ildirak bor edi. G‘ildiraklar qimmatbaho toshday tovlanardi. To‘rttala g‘ildirakning ko‘rinishiga kelsak, ular bir–biriga o‘xshar edi. Har bir g‘ildirakning ichida ko‘ndalangiga solingan yana bittadan g‘ildiragi bor edi. Ular harakatga kelganda to‘rt tomonga yura olar edi, yurganda burilmasdi. Karubning yuzi qayerga yo‘naltirilgan bo‘lsa, hammasi burilmay o‘sha tomonga yurishardi. Karublarning butun badanlari, orqalari, qo‘llari, qanotlari hatto to‘rttala g‘ildiragi ham ko‘z bilan qoplangan edi. G‘ildiraklarning nomi “Aylanadigan g‘ildiraklar” ekanligini men eshitib qoldim. Har bir karubning to‘rttadan yuzi bor edi: birinchi yuz — karubning yuzi, ikkinchi yuz — odamning yuzi, uchinchi yuz — sherning yuzi va nihoyat to‘rtinchi yuz burgutning yuzi edi. Karublar zamin uzra ko‘tarildilar. Men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan jonli mavjudotlar mana shu karublar ekan. Karublar yurganlarida, g‘ildiraklar ham yonlarida yurardi. Qanot yozib ko‘tarilganlarida, g‘ildiraklar ham ulardan ayrilmasdi. Xullas, karublar to‘xtaganda, ular ham to‘xtar edi, ko‘tarilganda ular ham birga ko‘tarilar edi, chunki jonli mavjudotlarning ruhi g‘ildiraklarda edi. Egamizning ulug‘vorligi uy ostonasidan chiqib, karublar uzra to‘xtadi. Men buni tomosha qilib turganimda, karublar qanotlarini yozdilar, zamin uzra ko‘tarilib, g‘ildiraklari bilan birga uydan chiqib ketdilar. Karublar Egamiz uyining sharkiy darvozasi yonida to‘xtab qoldilar. Isroil Xudosining ulug‘vorligi ularning ustida edi. Bu jonli mavjudotlarni men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan edim. O‘shanda ham ular Isroil Xudosining oyog‘i ostida edilar. Bu mavjudotlar karublar ekanligini men endi tushunib olgan edim, chunki har bir karubning to‘rtta yuzi, to‘rtta qanoti xamda qanotlari ostida odam qo‘liga o‘xshagan qo‘llari bor edi. Ularning yuz tuzilishi men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan mavjudotlarniki bilan bir xil edi. Har bir mavjudot old tomonga qarab yurar edi. Ruh meni ko‘tarib, Egamiz uyining sharqiy darvozasiga olib bordi. Darvoza yonida men yigirma besh nafar kishini ko‘rdim. Ularning orasida xalq rahnamolaridan Ozzur o‘g‘li Yazaniyo va Binayo o‘g‘li Pilatiyo bor edi. Egamiz menga shunday dedi: — Ey inson, mana bu odamlarning niyati yomon. Ular shahardagilarga bo‘lmag‘ur maslahatlar berib yurishibdi. O‘sha buzuq odamlar shunday deydilar: “Hozir imoratlar solishning hojati yo‘q. Bu shahar qozon kabidir, biz esa qozonda saqlangan go‘shtdaymiz.” Shunday ekan, ey inson, ularga qarshi bashorat qil! So‘ng Egamizning Ruhi butun vujudimni qamrab oldi. U Isroil xalqiga quyidagilarni aytishimni buyurdi: “Egamiz shunday demoqda: — Ey Isroil xalqi, sizlar o‘sha gapni aytdingiz. Men esa hamma o‘ylaringizni bilaman. Sizlar shahardagi ko‘p odamlarni o‘ldirdingiz, ko‘chalarni jasadlarga to‘ldirdingiz. Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki: bu shahar haqiqatan ham qozon kabidir. Ammo go‘sht sizlar emas, siz o‘ldirgan odamlarning jasadlaridir. Men sizlarni shahardan chiqarib yuboraman. Sizlar qilichdan qo‘rqqan edingizlar, ammo ustingizga qilich yuboraman. Men, Egangiz Rabbiy, shunday dedim. Men sizlarni shahardan haydab chiqarib, ajnabiylarning qo‘liga topshiraman. Shu yo‘sin sizlarni jazolayman. Sizlar qilichdan nobud bo‘lasizlar. Men sizlarni Isroil chegaralarida jazolayman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Bu shahar sizlar uchun qozonday bo‘lmaydi, sizlar ham qozon ichidagi go‘shtday bo‘lmaysizlar. Men sizlarni Isroil chegaralarida jazolayman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Zero, sizlar shu paytgacha qonun–qoidalarimni buzib, yon–atrofingizda yashovchi xalqlarning odatlariga taqlid qilib keldingizlar.” Men, Hizqiyol, bashorat qilayotganimda, birdaniga Binayo o‘g‘li Pilatiyo jon berdi. Men yerga yuz tuban yiqilib: “Yo Egam Rabbiy! Sen Isroilda qolgan hamma odamlarni nobud qilmoqchimisan?” deya ovozim boricha hayqirib yubordim. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: — Ey inson, Quddusda qolgan odamlar sen va sening surgun bo‘lgan qarindoshlaring haqida shunday aytishmoqda: “Ular uzoqda, Egamizga sajda qila olmaydilar. Shuning uchun bu yurt bizga mulk qilib berildi.” Ammo sen surgunda bo‘lgan xalqimga shunday xabarni yetkaz: “Egangiz Rabbiy aytmoqda, Men sizlarni olisdagi xalqlar orasiga jo‘natdim. Boshqa yurtlarga tarqatib yubordim. Biroq begona yurtdagi musofirlik davringizda, O‘zim sizlarga sajdagoh bo‘laman.” — Yana ayt: “ Egamiz Rabbiy shunday demoqda, Men sizlarni xalqlar orasidan yig‘ib olaman. Ha, sizlar begona yurtlarga tarqalib ketdingiz, ammo Men sizlarni olib chiqaman. Isroil yurtini sizlarga qaytarib beraman. Xalqim o‘z yurtiga qaytib kelganda, u yerdagi makruh xudolarni, jirkanch butlarni ildizi bilan yo‘q qiladi. Men ularga yaxlit bir yurak beraman, qalblarini yangi ruhga to‘ldiraman. Bag‘ridagi tosh yurakni olib tashlab, o‘rniga yumshoq yurak solaman. Shunda ular farmonlarimni bajaradilar, qonun-qoidalarimga rioya qiladigan bo‘ladilar. Ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman. Ammo makruh xudolaru jirkanch butlarga sajda qilishni xush ko‘rgan odamlarni qilmishlariga yarasha jazolayman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Karublar qanotlarini yozib, yonidagi g‘ildiraklari bilan birga osmonga ko‘tarildilar. Isroil Xudosining ulug‘vorligi karublar ustida edi. Egamizning ulug‘vorligi shaharni tark etib, shaharning sharq tomonidagi toqqa borib to‘xtadi. Vahiyda Ruh meni ko‘tarib, Bobilga surgun qilinganlarning oldiga qaytarib olib bordi. Vahiy tamom bo‘ldi. Men surgundagi birodarlarimga Egamiz ayon qilgan hamma narsani aytib berdim. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, sen isyonkor xalq orasida yashab yuribsan. Ularning ko‘zlari bor, ammo ko‘rmaydilar, quloqlari bor, ammo eshitmaydilar, chunki ular isyonkor xalqdir.” Ey inson, kerakli narsalaringni tugib ol. Xuddi surgunga ketayotganday yo‘lga chiq. Buni kunduz kuni qil, odamlar seni ko‘rsin. Sen uyingni tashlab, boshqa joyga ketayotganingni hamma ko‘rsin. Kim bilsin, balki shunda bu isyonkor xalq esini yig‘ib olar. Xalq seni tomosha qila olishi uchun, tuguningni kunduz kuni tashqariga chiqarib qo‘y. O‘zing esa kech tushganda seni tomosha qilayotgan olomon oldida, xuddi surgunga ketayotganday yo‘lga chiq. Odamlarning ko‘zi oldida uying devorini tesh, tuguningni teshikdan olib chiq. Kech tushganda uni yelkangga ortib, yo‘lga tush. Tark etayotgan yurtingni ko‘ra olmasliging uchun, yuzingni yopib ol, chunki xalq tomosha qiladigan bu namoyish ular uchun bir timsol bo‘ladi. Men Egamizning aytganini qilib, surgunga ketayotganday tugunimni kunduz kuni ko‘chaga chiqarib qo‘ydim. Kech tushganda qo‘lim bilan uyim devorini teshdim. Qorong‘ida tugunni ko‘chaga chiqarib, yelkamga ortib oldim. Odamlar meni tomosha qilayotgan edi. Ertasi kuni ertalab Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: — Ey inson, bu isyonkor Isroil xalqi sendan “Nimalar qilyapsan?” deb so‘ragandi, shunday emasmi? Ularning oldiga borib ayt: “Egangiz Rabbiy shunday demoqda, sizlar tomosha qilgan namoyish — Quddusda hukmronlik qilayotgan shahzoda va u yerdagi butun Isroil xalqining qismati ramzidir.” So‘ng ayt: “Kecha men sizlarga kelajakda sodir bo‘ladigan voqealarni namoyish qildim. Sizlar surgun bo‘lib, asirlikka tushasizlar. Hozir hukmronlik qilayotgan shahzodangiz ham qorong‘ida yelkasiga tugun ortib, yo‘lga tushadi. U devorda ochilgan teshikdan chiqadi. Tark etayotgan yurtni ko‘rmasligi uchun, yuzini yopib oladi. Men uning ustiga to‘r tashlayman, u tuzog‘imga tushadi. Men uni Xaldeylar yurti Bobilga olib boraman, ammo u Bobilni ko‘ra olmaydi. U o‘sha yerda olamdan o‘tadi. Men shoh saroyining butun ahlini — vazirlaru soqchilarini to‘rt tomonga tarqatib yuboraman. Qilichimni yalang‘ochlab, ularni ta’qib qilaman. Men ularni xalqlar orasiga tarqatib tashlaganimda, boshqa yurtlarga quvib yuborganimda, Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Ammo Men xalqimdan ba’zilarini asrab qolaman. Ularni jangda saqlayman, ocharchiligu o‘latdan qutqaraman. Ular boshqa uluslar orasiga surgun bo‘lganda, qilgan jirkanch odatlarini e’tirof qiladilar. O‘shanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, noningni yeganingda titragin, suvingni ichganingda qo‘rquv ichra qaltiragin. Yurtdagi odamlarga ayt: “Isroildagi Quddus aholisi to‘g‘risida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bu odamlar yovuz bo‘lib ketganlari uchun Men ularning yurtini talon–taroj qildiraman. Ular nonni qo‘rquv ichra yeydilar, suvni sarosima ichra ichadilar. Aholi yashagan shaharlari vayron bo‘ladi, butun yurt tashlandiq bo‘lib qoladi. Shunda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: — Ey inson, Isroil yurtida aytilayotgan, “kunlar o‘tyapti, bashoratlar esa puchga chiqyapti”, degan maqolni eshitgansan. Endi xalqim oldiga borib ayt: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda, Men bu maqolni yo‘q qilib yuboraman. Isroilda uni aytmaydigan bo‘lishadi.” Yana ularga: “Bashoratlar bajo bo‘ladigan kunlar yaqinlashib qoldi”, deb ayt. Endi Isroil yurtida soxta bashoratlaru, yolg‘on karomatlar aytilmaydi. Ammo Men, Egangiz, sizlarga gapiraman, aytgan so‘zlarim amalga oshadi, kechikmaydi. Ey isyonkor xalq, sizning kuningizda Men aytganlarimni bajo keltiraman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: — Ey inson! Isroil xalqi sen aytgan bashoratlar uzoq kelajakka taalluqli, deb o‘ylayapti. Shuning uchun ularga borib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Aytgan birorta so‘zim kechikmaydi, hammasi amalga oshadi!” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroilda o‘zicha bashorat qilib yurgan payg‘ambarlarga qarshi bashorat qil. Ularga shunday deb ayt: Egamizning so‘zlarini eshiting! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: axmoq payg‘ambarlarning holiga voy! Ular hech qanday vahiy ko‘rmagan, bashoratlarini o‘zlari o‘ylab to‘qishgan. Ey Isroil xalqi, payg‘ambarlaringiz shahar vayronalari orasida daydib yurgan chiyabo‘rilarga o‘xshaydi. Mana, ular devorning o‘pirilib tushgan joylarini qo‘riqlamadilar, devorni tuzatmadilar. Endi Egangiz kunidagi jangda Isroil xalqi o‘zini muhofaza qila olmaydi. Payg‘ambarlaringizning ko‘rgan vahiylari soxta, karomatlari yolg‘ondir! Men ularni yubormaganman, ammo ular “Egamiz shunday demoqda”, deb gapiradilar. Yana o‘z gaplari amalga oshishini kutadilar! Ko‘rgan vahiylari soxta emasmi?! Aytgan karomatlari yolg‘on emasmi?! Men ularga gapirmasam ham “Egamiz shunday aytmoqda” deb aytishadi! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sizlar yolg‘on gaplarni aytganlaringiz uchun, soxta vahiylarni ko‘rganlaringiz uchun, Men sizlarga qarshiman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Men bu yolg‘onchi payg‘ambarlarga qo‘l ko‘taraman, ularni xalqim kengashidan yo‘q qilaman. Nomlarini Isroil xalqi ro‘yxatidan o‘chirib tashlayman, ular hech qachon Isroil yurtiga qaytib kelmaydilar. O‘shanda Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilib olasizlar. Notinch paytlarda, bu payg‘ambarlar “tinchlik”, deya xalqimni yo‘ldan uradilar. Xalqim zaif devor ko‘targanda, payg‘ambarlar uni ohak bilan oqlaydilar. Devorni oqlayotganlarga ayt: bu devor qulaydi. Uning ustiga jala yog‘adi, katta–katta do‘l tushadi, unga qarshi dovul turadi. Devor qulaganda odamlar: “Devor oqlagandan nima foyda chiqdi?!” deb aytmaydimi? Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men g‘azab ustida dovul turg‘izaman. Qahr ustida jala yog‘diraman. Jahl ustida do‘l yuborib, devorni qulataman. Sizlar ohak bilan oqlagan bu devorni Men yiqitaman. Uni poydevorigacha ochib tashlayman. Qulagan devor sizlarni bosib qoladi, sizlar hammangiz halok bo‘lasizlar. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Shu yo‘sinda Men g‘azabimni devor va devorni oqlagan odamlar ustiga yog‘diraman. Men sizlarga: “Devor ham, uni oqlagan odamlar ham yo‘q bo‘ldi, deb aytaman. Ha, bu payg‘ambarlar notinch damlarda Quddus aholisiga bashorat qilib, tinchlik vahiylarini bergan edilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Ey inson, Isroil xalqining o‘zicha bashorat qilib yurgan ayollariga yuzlan. Ularga qarshi bashorat qilib, ayt: — Egangiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey, odamlarning jonini ovlab yurgan ayollar, sizlarning holingizga voy! Sizlar har bir odamning bilagiga tumor taqasizlar. Yoshu qarining boshiga yopinchiqlar yopasizlar. Sizlar xalqimning jonlarini ovlab turib, o‘z joningizni saqlab qolasiz, deb o‘ylaysizmi?! Sizlar bir hovuch arpa bilan bir burda non uchun, xalqim oldida Meni badnom qildingiz–ku! Yolg‘onni xush ko‘rgan xalqimga yolg‘on gapirib, aybsiz odamni nobud qildingiz. O‘limga loyiq bo‘lgan odamning jonini esa asrab qoldingiz.” Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Sizlar tumorlaringiz bilan odamlarning jonlarini ovlayapsizlar. Men o‘sha tumorlaringizga qarshiman. Men ularni qo‘llaringizdan yulib olaman, qafasdagi qushni ozod qilganday xalqimni ozod qilaman. Yopinchiqlaringizni yirtib tashlayman, xalqimni changalingizdan xalos qilaman. Ular endi sizning qurbonlaringiz bo‘lmaydi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Sizlar yolg‘onlaringiz bilan solih odamning dilini ranjitdingiz. Men esa uni ranjitmoqchi emas edim. Fosiq odam yomon yo‘lidan qaytmasligi, jonini saqlab qolmasligi uchun sizlar uni qo‘llab turdingiz. Shu sababdan endi sizlar yolg‘on vahiylar ko‘rmaysizlar, fol ochib yurmaysizlar. Men O‘z xalqimni changalingizdan ozod qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Isroil oqsoqollaridan ba’zi birlari meni ko‘rgani keldilar. Shu onda Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, bu odamlar butlarga ko‘ngil qo‘yganlar, gunohni o‘zlariga to‘g‘onoq qilganlar. Shunday ekan, Menga maslahat solishlariga qanday yo‘l qo‘yay?! Sen ularga ayt: — Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Butlarga ko‘ngil qo‘ygan, gunohni o‘ziga to‘g‘onoq qilgan, Isroil xalqidan birorta odam payg‘ambar oldiga kelsa, Men, Egangiz, o‘sha odamning sanoqsiz butlariga yarasha javobini beraman. O‘sha butlari tufayli butun Isroil xalqi Mendan uzoqlashib ketdi, ammo Men beradigan javobim bilan ularning sadoqatini qozonaman.” Isroil xalqiga ayt: — Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Tavba qilinglar, butlaringizdan voz kechinglar. Jirkanch odatlaringizdan yuz o‘giringlar. Bilib qo‘yinglar, agar Isroil xalqidan bo‘lgan birorta odam yoki xalqim orasida yashab yurgan birorta musofir Mendan yuz o‘girsa, butlarga ko‘ngil ko‘yib, gunohni o‘ziga to‘g‘onoq qilsa, so‘ng payg‘ambar oldiga kelib, Menga maslahat solsa, o‘sha odamga javobni O‘zim beraman. Men bunday odamlarga qarshi chiqaman. Boshqalar ularni misol qilib, masallar aytadi. Men ularni xalqim orasidan yo‘q qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” “Agar payg‘ambar yanglishib, noto‘g‘ri maslahat bersa, o‘sha payg‘ambarni Men, Egangiz yanglishtirgan bo‘laman. Men unga qarshi qo‘limni ko‘taraman, uni Isroil xalqi orasidan daf qilaman. Men payg‘ambarni ham, uning oldiga maslahat so‘rab kelgan odamni ham birday jazolayman. Shunda Isroil xalqi yo‘limdan ozmaydigan bo‘ladi, gunohlari bilan o‘zini bulg‘amaydi. Ular Mening xalqim, Men ularning Xudosi bo‘laman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, agar biror yurtning aholisi Menga bo‘lgan sadoqatini unutib, gunohga qo‘l ursa, Men ularga qarshi qo‘limni ko‘tarib, butun yurtga ocharchilik yuboraman. Odamlarni bir burda nonga zor qilaman. Yurtdagi odamu hayvonlarni qirib tashlayman. Bunday xalq orasida hattoki Nuh, Doniyor va Ayub payg‘ambarlar yashagan taqdirda ham, ular solihligi bilan faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lishardi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Men o‘sha yurt aholisini yirtqich hayvonlarga talatmoqchi bo‘ldim, deylik. Yurt huvullab qolib, hayvonlar tufayli odamlar u yerga oyoq bosmay qo‘ydi ham, deylik. Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, agar o‘sha uchala payg‘ambar u yerda bo‘lganda edi, ular o‘z bola–chaqasini ham qutqara olmagan bo‘lardi. Ular faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lardi. Yurt esa xarobazorga aylanardi. Bordi–yu, o‘sha yurtga dushman yuborib, u yerdagi bor jonzotni qilichdan o‘tkazishga qaror qildim, deylik. Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, agar o‘sha uchala payg‘ambar u yerda bo‘lganda edi, ular o‘z bola–chaqasini ham qutqara olmagan bo‘lardi. Ular faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lardi. Bordi–yu, Men o‘sha yurtga g‘azabimni yog‘dirib, butun jonzotni o‘lat orqali qirib tashlamoqchi bo‘ldim, deylik. Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, hattoki Nuh, Doniyor va Ayub u yerda bo‘lganda edi, ular o‘z bola–chaqasini ham qutqara olmagan bo‘lardi. Ular faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lardi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men bundan ham battarini qilaman, Quddus ustiga to‘rt xil dahshatli kulfat yog‘diraman. Shahardagi odamlaru hayvonlar urush, ocharchilik, yovvoyi hayvonlar va o‘latdan nobud bo‘ladilar! Ammo ba’zi erkagu ayollar omon qoladilar. Ular qochib, oldingizga keladilar. O‘shanda ularning yurish–turishini, qilmishlarini o‘zlaringiz ko‘rib, Men Quddus ustiga yuborgan hamma kulfatlardan taskin topasizlar. O‘sha odamlarning yurish–turishini, qilmishlarini ko‘rganlaringizdan keyin taskin topasizlar. Qilgan hamma ishlarim bejiz emasligini bilib olasizlar”, deb aytmoqda Egangiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, tok novdasining yog‘ochdan farqi bormi?! O‘rmon daraxtlaridan uning biron afzalligi bormi?! Undan biron bir narsa yasab bo‘ladimi? Hech bo‘lmasa, buyum osish uchun qoziq qilsa bo‘ladimi? Yo‘q, u faqat o‘tin uchun yaraydi, xolos. Novdaning ikki chekkasi kuyib, o‘rtasi yonib bo‘lgandan keyin, uni biron narsaga ishlatib bo‘larmidi axir?! Kuymagan tok novdasi yaroqsiz bo‘lgandan keyin, kuyib bo‘lgani hech qanday foyda keltirmasligi aniq!” Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Quddus aholisi o‘rmon daraxtlari orasidagi uzum tokiga o‘xshaydi. Ular yaroqsiz bo‘lganlari uchun, Men ularni olovda kuydirib yuboraman. Men O‘zim ularga qarshi chiqaman. Ular olovdan qochib qutulsalar ham, baribir, olovdan nobud bo‘ladilar. Men ularga qarshi chiqqanimdan keyin, Egangiz Men ekanligimni sizlar bilib olasizlar. Xalqim Menga xiyonat qilgani uchun, Men butun yurtni sahroga aylantiraman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Quddusning barcha jirkanch odatlarini yuziga solib, ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: asli sen Kan’on yurtida tug‘ilgansan, sening otang Amor xalqidan, onang Xet urug‘idan bo‘lgan. Sen tug‘ilganingda hech kim senga qaramagan. Hech kim kindigingni qirqmagan, seni yuvintirmagan, teringni tuz bilan artib, yo‘rgaklamagan. Bironta odamning senga rahmi kelmagan, hech kim senga achinmagan, qaramagan. Sen tug‘ilganingda hamma sendan hazar qilgan, shuning uchun seni dalaga olib borib tashlashgan. Men o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, seni ko‘rib qoldim. Sen o‘z qoningda tipirchilab yotgan eding. Shunda Men senga: “Yasha!” deb aytdim. Ha, senga “Yasha!” dedim. Men seni dashtdagi o‘simlik kabi o‘stirdim. Sen ulg‘ayding, bo‘ying cho‘zildi, eng go‘zal bir gavharga o‘xshab qolding. Sening ko‘kraklaring to‘lishdi, sochlaring uzun bo‘ldi, ammo sen qip–yalang‘och eding. Men yana o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, seni ko‘rib qoldim. Sen sevgi uchun yetilganingni ko‘rib, kiyimimning etagi bilan yalang‘och badaningni yopdim. Men senga qasamyod qildim, sen bilan nikoh ahdini tuzdim. Shunda sen Meniki bo‘lding”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Men seni cho‘miltirib, badaningga yopishib qolgan qon qoldiqlarini yuvib tashladim. Teringga xushbo‘y moylarni surtdim. Egningga naqsh solingan ko‘ylak, oyog‘ingga yumshoq teridan tikilgan choriqlar kiydirdim. Boshingga harir ro‘mol o‘rab, ustingga shoyi to‘n tashladim. Qimmatbaho bezaklar bilan senga zeb berdim: qo‘llaringga bilaguzuklar, bo‘yningga tilla zanjir, burningga uzuk, quloqlaringga sirg‘a taqdim, boshingga go‘zal bir toj kiydirdim. Seni oltinu kumush bilan bezantirdim, ustingga qimmatbaho, mayin zig‘ir matolardan tikilgan liboslaru naqsh solingan ko‘ylaklar kiydirdim. Oliy navli undan yopilgan nonlar bilan, zaytun moyi va asal bilan seni boqdim. Sen nihoyatda go‘zal bo‘lding, haqiqiy malikaga o‘xshab qolding. Mislsiz go‘zalliging bilan xalqlar orasida dong taratding, chunki Men senga bergan ulug‘vorligim go‘zalligingni komil qilgan edi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Sen esa go‘zalligingga ishonding. Shuhratingdan foydalanib, fahsh yo‘liga kirding. O‘tgan–ketgan erkakka o‘zingni berding, go‘zalligingdan ularni bahramand qilding. Men senga bergan nafis matolar bilan sajdagohlaringni bezab, u yerda fohishalik qilding. Bunaqasi hech bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Bundan tashqari, Men senga bergan oltin va kumush bezaklardan o‘zingga erkak tasviridagi haykalchalar yasattirding. Ular bilan zino qilding. Naqsh solingan ko‘ylaklaringni butlar ustiga kiydirding. Men senga bergan moy bilan xushbo‘y tutatqilarni ularga nazr qilding. Senga non uchun bergan oliy navli unni, zaytun moyi va asalni butlaringga xushbo‘y hadya qilding. Eha, shular sodir bo‘ldi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “So‘ng Mendan ko‘rgan o‘g‘il–qizlaringni olding, ularni o‘z butlaringga yem qilib, qurbon qilding. Nahotki, fohishalik qilganing yetmagan bo‘lsa?! Bolalarimni so‘yib, butlaringga qurbon qilishing shartmidi?! Jirkanch odatlaru fohishalik qilganingda sen biron marta ham o‘z bolaligingni eslamading, qip–yalang‘och bo‘lganingni, o‘z qoningda tipirchilab yotganingni esga olmading.” Egamiz shunday demoqda: “Sening holingga voy! Qilgan qabihliklaring yetmaganday sen o‘zing uchun karavotlar qurding, har bir maydonda baland supalar o‘rnatding. Har bir ko‘chaning boshida baland supalar qurib, go‘zalligingni xor qilding. O‘tgan–ketganga putingni ochding, fohishalikka berilib ketding. A’zosi yirik bo‘lgan qo‘shni Misr bilan yotding. Fahshga berilib, g‘azabimni keltirding. Shunda Men qo‘limni senga qarshi ko‘tardim. Rizqingni kamaytirib, seni dushmanlaring bo‘lgan Filist ayollarining ixtiyoriga topshirdim. Hattoki o‘shalar ham sening behayoligingni ko‘rib, yoqalarini ushlashgan. Sen to‘ymas hirsingni qoniqtirish uchun, Ossuriya bilan fohishalik qilding. Ammo shunda ham qoniqmading. Savdogarlar yurti bo‘lgan Bobil bilan ham fahshga berilding, ammo shunda ham qoniqmading.” “Naqadar buzuqdir sening yuraging!” deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Sen o‘zingni shaloq xotinday tutding–ku! Sen har bir ko‘chaning boshida karavotlar qurding, har bir maydonda baland supalar o‘rnatding. Yo‘q, sen fohishaday emas eding, sen to‘lovdan hazar qilarding. Sen buzuq ayolsan! Begona erkaklarni o‘z eringdan afzal ko‘rding. Hamma fohishalarga sovg‘alar beriladi. Lekin sen hamma o‘ynashlaringga sovg‘alar berding. Har yoqdan kelib, sen bilan fohishalik qilishlari uchun ularni sotib olding. Ha, sen boshqa fohishalardan ajralib turasan. Hech kim seni fohishalik qilishga undamagan, hech kim senga to‘lov bermagan. Aksincha, sen boshqalarga to‘lov bergansan. Haqiqatan ham, sen boshqachasan! Ey fohisha, Egamizning so‘zlarini eshit, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sen kiyimlaringni yechib, o‘ynashlaring bilan fohishalik qilding, makruh butlaringga sajda etding. O‘z bolalaringning qonini to‘kib, xudolaringga qurbon qilding. Shuning uchun sendan lazzatlangan hamma o‘ynashlaringni Men har yerdan yig‘ib kelaman. Sen sevganlarni ham, nafratlangalaringni ham senga qarshi yig‘aman. Seni qip–yalang‘och qilib, ularning oldiga chiqarib qo‘yaman. Ular seni tomosha qiladilar. Men seni qotilliging va zinokorliging uchun hukm qilaman. Rashku g‘azabda seni qonga belayman. Seni o‘ynashlaring ixtiyoriga topshiraman. Ular karavotlaringni buzadilar, supalaringni vayron qiladilar. Ustingdagi kiyimlaringni yulib oladilar, chiroyli taqinchoqlaringni tortib oladilar. Sen qip–yalang‘och qolasan. Ular olomonni yig‘ib, seni toshbo‘ron qiladilar, jasadingni qilich bilan nimtalab tashlaydilar. Uylaringni yondirib yuboradilar, seni bir talay ayollarning ko‘zi oldida jazolaydilar. Shu yo‘sin Men fohishaligingga chek qo‘yaman. Sen o‘ynashlaringga boshqa to‘lov bermaysan. Shunda Men jahldan tushaman, rashkimni bosib olaman. Tinchlanib, boshqa g‘azablanmayman. Sen bolaligingni eslamaganing uchun, qilmishlaring bilan qahrimni keltirganing uchun, Men qilmishlaringga yarasha jazoingni beraman. Jirkanch odatlaring yetmasmidi, nimaga behayolik qilding?”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz shunday demoqda: “Ey Quddus, odamlar sen haqingda gapirganda “Qiz onasiga tortar” degan maqolni ishlatishadi. Sen haqiqatan ham o‘z eri va bolalaridan hazar qilgan onangga o‘xshaysan. Erlari va bolalaridan hazar qilgan opa–singillaringdan qolishmaysan. Sening onang Xet urug‘idan, otang Amor xalqidan edi. Sening opang Samariya o‘z qizlari bilan shimolda, singling Sado‘m esa o‘z qizlari bilan janubda yashar edilar. Sen nafaqat ularning yo‘llaridan yurgansan, jirkanch odatlariga taqlid qilgansan. Sen qisqa vaqt ichida barcha qabihliklaring bilan ulardan o‘zib ham ketgansan. Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sening singling Sado‘m o‘z qizlari bilan senchalik va sening qizlaringchalik qabihliklar qilmagan. Sado‘mning aybi shudir: u va uning qizlari mag‘rur edilar. Ular to‘q, tinch va osoyishta hayot kechirar edilar, ammo mazlumu nochorlarga yordam bermas edilar. Ha, ular mag‘rur edilar, oldimda jirkanch ishlar qilgandilar. Men buni ko‘rib, ularni yo‘q qilgan edim. Hatto Samariya ham sen qilgan gunohlarning yarmisini qilmagan. Sen ulardan ko‘proq qabihliklar qilgansan. Qilgan qabihliklaring oldida opang bilan singling solih bo‘lib ko‘rinadi. Mana endi sharmandaligingga toqat qil. Sen opa–singillaringning jazosini yengillashtirding. Sen ulardan ham battar gunohlar qilib, ularni begunohday qo‘rsatding. Endi uyalgin, sharmandaligingga toqat qilgin, chunki sen opa–singillaringni oppoq qilib ko‘rsatding. “Ammo bir kun kelib, Men Sado‘m va Samariyani ularning qizlari bilan birga yana farovonlikka erishtiraman. Ular bilan birga seni ham tiklayman. Shunda sen sharmandaligingga toqat qilib, o‘z–o‘zingdan uyalib ketasan, chunki sen qilgan qilmishlaring bilan opa–singillaringni ancha yupatding. Ha, opa–singillaring Sado‘m va Samariya qizlari bilan tiklanadi. Sen ham qizlaring bilan qayta tiklanasan. Sen mag‘rurlanib, singling Sado‘mni mazax qilar eding. Ammo endi, sening fosiqliging butun dunyoga oshkor bo‘ldi. Sen Edom qizlari va ularning hamma qo‘shnilari uchun mazax bo‘lding. Filist qizlari hamma joyda seni masxara qiladilar. Sen behayoliging va jirkanch odatlaringga yarasha jazo tortishing shart”, deb aytmoqda Egamiz Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men qilgan qilmishingga yarasha jazoingni beraman, chunki sen bergan va’dalaringni mensimading, ahdingni buzding. Ammo Men yoshligingda sen bilan tuzgan ahdimga sodiq qolaman, sen bilan abadiy bir ahd tuzaman. Sen qilgan qilmishlaringni eslaysan. Opangni ham, singlingni ham qabul qilganingda uyalasan. Men ularni senga farzand qilib beraman. Buni sen bilan tuzadigan ahddan tashqari qilaman. Ha, Men sen bilan ahd tuzaman, shunda Egang Men ekanligimni bilib olasan. Men qilgan barcha gunohlaringni kechiraman, ammo sen ularni doim yodingda tutib, xijolat bo‘lasan. Uyalganingdan sen hatto og‘zingni ham ocha olmaysan”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil xalqiga quyidagi bir matalni aytib ber. Ularga ayt, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bahaybat, baroq patli, chipor bir burgut ulkan qanotlarini keng yoyib, Lubnon tog‘lariga uchib keldi. U sadr daraxtining uchini ushlab, uchidagi bir shoxchasini sindirib oldi. So‘ng uni savdogarlar shahriga olib borib, u yerga o‘tqazdi. Keyin Isroil yurtidan olib kelgan tok qalamchasini unumdor yerga ekdi. Uni serob suvlar bo‘yiga majnuntolday o‘tqazdi. Qalamcha unib, yerda yoyilgan sernovda uzum tokiga aylandi. Uning novdalari burgut tomon cho‘zildi, tagidagi ildizlari yerga chuqur o‘sdi. U tokka aylandi, novdalari gurkirab o‘sdi, barra yaproqlar chiqardi.” “Keyin boshqa bahaybat bir burgut uchib keldi. Bu ulkan qanotli burgut qalin pat bilan qoplangan edi. Shunda tok “kelgan burgut meni sug‘orar”, deya o‘sgan joyidan ildizlarini burgut tomon cho‘zdi, novdalarini u tomon uzatdi. Ammo tok allaqachon serob suvlar bo‘yidagi unumdor yerda o‘sayotgan edi. U ungan edi, mo‘l hosil berishga, ko‘rkam uzum toki bo‘lib yetishishga imkoniyati bor edi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Bu tok endi gurkirab o‘sarmikan?! Tokni ekkan burgut uni ildizi bilan sug‘urib tashlamaydimi?! Uzumlarini uzib, barra yaproqlarini quritib yubormaydimi?! Ha, tokni sug‘urib tashlash uchun katta kuch yoki qudratli lashkar kerak emas. Bordi–yu, tokni boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazsa, u yana unarmikan?! Yo‘q, garmsel uni batamom qovjiratib yuboradi–ku. Tok o‘sgan joyida so‘lib qoladi–ku.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Bu isyonkor Isroil xalqiga shunday deb ayt: matalning ma’nosini tushundingizmi? Men sizlarga ma’nosini aytib beray: Bobil shohi Quddusga bostirib keldi, u yerdagi shohu a’yonlarni o‘zi bilan Bobilga olib ketdi. So‘ng shoh oilasiga mansub bo‘lgan bir kishini tanladi. Unga qasam ichdirib, u bilan bir sulh tuzdi. Yurtdagi barcha nufuzli odamlarni o‘zi bilan olib ketdi. Toki Isroil xalqi bo‘ysunsin, isyon ko‘tarmasin, sulhga rioya qilgani uchun omon qolsin. Ammo yangi tanlangan Isroil shohi Bobilga qarshi isyon ko‘tardi. U Misr shohi huzuriga choparlar jo‘natdi, undan ko‘mak uchun otlaru lashkarlar so‘radi. U muvaffaqiyat qozonarmikan?! Bunday ish qilgan odam jazosiz qolarmikan?! Sulhni buzgan kishi jazodan qochib qutularmikan?! Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, bunday shoh Bobilda jon beradi. Garchi Bobil shohi uni taxtga chiqargan bo‘lsa–da, u Bobil shohi bilan tuzgan sulhni buzdi, ichgan qasamini mensimadi. Shu sababdan Bobil shohi Quddusdagi ko‘p odamlarni qatl qilish uchun shahar devoriga qiyalatib tuproq uyadi, qamal inshootlarini quradi. Shunda Isroilga hatto fir’avnning qudratli lashkari ham yordam bera olmaydi. Chunki Isroil shohi ichgan qasamidan qaytdi, tuzgan sulhni buzdi. U Bobil shohiga so‘z bergan bo‘lsa–da, shu ishlarni qildi! Mana endi qochib qutula olmaydi!” Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, ahdimni buzgan, Mening nomim bilan ichgan qasamidan qaytgan bu odam jazosiz qolmaydi. Men uning ustiga to‘r tashlayman, uni O‘z tuzog‘imga tushiraman. Menga xiyonat qilgani uchun, uni Bobilga olib borib, u yerda adabini beraman. Uning qochayotgan jangchilari qilichdan halok bo‘ladilar, omon qolganlari dunyoning to‘rt tomoniga tarqalib ketadilar. Shunda sizlarga bu so‘zlarni aytgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men baland sadr daraxtining uchidan nozik bir novdani olaman. Ulkan toqqa chiqib, uni o‘tqazaman. Ha, Isroil tog‘ining cho‘qqisiga ekaman. Novda butoq chiqarib, hosilga kiradi, ko‘rkam sadr daraxti bo‘lib yetishadi. U yerda har xil qushlar yashaydi, turli parrandalar shoxlari soyasidan panoh topadi. Ana o‘shanda dashtdagi hamma daraxtlar Egangiz Men ekanligimni bilib oladi. Zotan, ulkan daraxtlarni yiqitadigan Menman. Past daraxtlarni baland qilib, o‘stiradigan ham Menman. Ko‘karib turgan daraxtni qovjiratadigan ham, qovjiragan daraxtni ko‘kartiradigan ham Menman. Bularni Men, Egangiz aytdim! Aytganlarimning hammasini O‘zim amalga oshiraman.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Nima uchun sizlar Isroil yurtida: “Otalari achchiq uzum yeyishgan edi, bolalarining esa tishi qamashdi”, degan maqolni ishlatasizlar? Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlar endi Isroilda bu maqolni boshqa aytmaydigan bo‘lasizlar. Bilib qo‘ying, har bir odamning joni Menikidir. Ota–onalarning ham, bolalarning ham jonlari Menga tegishlidir. Faqat gunoh qilgan odamgina o‘ladi. Bordi–yu, odam solih bo‘lib, adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, Isroil xalqining butlariga sig‘inmasa, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilmasa, birovning xotini bilan zino qilmasa, hayz ko‘rgan ayolga yaqinlashmasa, birovga jabr qilmasa, garovga olgan narsasini qaytarib bersa, o‘g‘irlik qilmasa, ochga non, yalang‘ochga kiyim bersa, bergan qarzidan foiz talab qilmasa, o‘zini gunohdan tortsa, to‘g‘ri hukm chiqarsa, farmonlarimga rioya qilsa, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay sadoqat bilan bajarsa, bunday odam haqiqatan ham solih hisoblanib albatta yashaydi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Endi shunday solih odamning vahshiy bir o‘g‘li bor, deb faraz qilaylik. Bordi–yu, bu yaramas o‘g‘il qotillik qilsa yoki quyidagi jinoyatlarning birortasini Isroillik birodariga qilsa: otasi qilmagan ishlarga qo‘l urib, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilsa, birovning xotini bilan zino qilsa, kambag‘alu mazlumlarga jabr yetkazsa, o‘g‘irlikka qo‘l ursa, garovga olgan narsani qaytarmasa, butlarga sig‘insa, jirkanch odatlarga taqlid qilsa, bergan qarzidan foiz talab qilsa, u yasharmidi?! Yo‘q! Bunday jirkanch ishlarga qo‘l urgan odam albatta o‘ladi. U o‘z boshini o‘zi yeydi–ku!” Ammo bunday fosiq kishining o‘g‘li, otasi qilgan gunohlarini ko‘ra turib, otasiga taqlid qilmasa, Isroil xalqining butlariga u sig‘inmasa, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilmasa, birovning xotini bilan zino qilmasa, birovga zulm o‘tkazmasa, qarzdorlaridan kafillik talab qilmasa, o‘g‘irlik qilmasa, ochga non, yalang‘ochga kiyim bersa, kambag‘alga jabr yetkazmasa, bergan qarzidan foiz olmasa, qonun–qoidalarimga rioya qilib, farmonlarimni bajarsa, bunday odam o‘z otasining gunohlari uchun o‘lmaydi. U albatta yashaydi. O‘sha odamning otasi esa qilgan qabihliklari uchun o‘zi o‘ladi, chunki u birodariga jabr yetkazib, narsasini o‘g‘irladi, odamlar orasida yaramas ishlar qildi. Sizlar esa: “Yo‘g‘–ye, nahotki bola otasining gunohi uchun jazo tortmasa?” deb aytasizlar. Agar bola adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, qonun–qoidalarimning hammasini bitta qoldirmay bajarsa, u albatta yashaydi. Gunoh qilgan odamgina o‘ladi. Bola otasining gunohi uchun jazolanmaydi, ota ham bolasining gunohi uchun jazolanmaydi. Solih odamlar o‘z solihligiga yarasha mukofot oladilar, fosiqlar o‘z fosiqligi uchun jazo tortadilar. Bordi–yu, fosiq odam qilgan gunohlaridan tavba qilsa, qonun–qoidalarimning hammasini bajarsa, adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, u albatta yashaydi, o‘lmaydi. Men bunday odamning qilgan barcha gunohlaridan kechib yuboraman. U qilgan solih ishlari tufayli yashaydi. “Nahotki Men fosiq odamning o‘limini istasam? Yo‘q! Men uning yomon yo‘ldan qaytishini va yashashini istayman!” deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Yomon yo‘lga kirib ketgan solih odam–chi? Fosiqlar kabi jirkanch ishlar qilgan bunday odam yashaydimi? Yo‘q! Men uning bironta xayrli ishini esga olmayman. U Menga xiyonat qilgani uchun, gunohga qo‘l urgani uchun o‘ladi. Sizlar esa: “Rabbiy noto‘g‘ri ish tutyapti”, deb aytyapsizlar. Ey Isroil xalqi, gapimni tinglang: “Noto‘g‘ri ish tutgan Menmi yoki sizlarmi?! Bilib qo‘ying, yomon yo‘lga kirib ketgan har bir solih kishi qilgan gunohi uchun o‘ladi. Yomon yo‘ldan qaytgan fosiq esa adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, o‘z hayotini asrab qoladi. Bunday odam tutgan yo‘li noto‘g‘ri ekanligini anglab, qilgan gunohlaridan qaytgani uchun albatta yashaydi, o‘lmaydi. Shunday bo‘lsa–da, Isroil xalqi: “Rabbiy noto‘g‘ri ish tutyapti”, deb aytyapti. Ey Isroil xalqi, qani, Menga ayting–chi, noto‘g‘ri ish tutgan Menmi yoki sizlarmi?!” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, Men har biringizni tutgan yo‘lingizga yarasha hukm qilaman. Tavba qilinglar! Gunohlaringizdan qaytinglar! Aks holda gunohingiz sizga to‘g‘onoq bo‘ladi. Menga qarshi qilgan gunohlaringizdan voz kechinglar. O‘zlaringiz uchun yangi yurak va yangi ruh olinglar! Nima uchun sizlar o‘lishingiz kerak, ey Isroil xalqi?! Men bironta odamning halok bo‘lishini istamayman. Yomon yo‘ldan qayting, yashang!” deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga Isroilning ikki shahzodasi uchun marsiya aytishimni buyurdi: Sening onang qo‘rqmas bir sher edi! U sherlar orasida o‘rnashdi, Yosh sherlar orasida bolalarini o‘stirdi. Bitta bolasi kuchli bir sher bo‘ldi. U ov qilishni o‘rgandi, Odamxo‘rlik qila boshladi. Buni xalqlar eshitdilar, Sherni tuzog‘iga tushirdilar. Uni zanjirband qilib, Misrga olib ketdilar. Ona sher umidi puchga chiqqanini ko‘rdi, Orzusi ushalmaganini bildi. Shunda boshqa bolasini o‘stirdi, Uni kuchli bir sher qildi. U katta bo‘lgach, Boshqa sherlar ila izg‘iydigan bo‘ldi. Ov qilishni o‘rgandi, Odamxo‘rlik qila boshladi. Qal’alarini buzar edi, Shaharlarini vayron qilardi. Yurt va uning butun aholisi U o‘kirganda dahshatga tushardi. Atrofdagi hududlardan xalqlar Unga hujum qildilar. Ustiga to‘r tashlab, Tuzog‘iga tushirdilar. Zanjirband qilib, qafasga soldilar, Bobil shohi huzuriga olib bordilar. Isroil tog‘larida uning tovushi Boshqa eshitilmasin, deya Uni zindonga tashladilar. Sening onang uzumzordagi tokday edi, Ariq bo‘yiga o‘tqazilgan edi. Suvga miriqqanidan Sernovdayu serhosil edi. Baquvvat novdalari Saltanat hassalariga aylandi. Qalin shox–shabbadan ham baland ko‘tarildi. Balandligi, serbargligi bilan Ko‘zga tashlanib turar edi. Ammo g‘azab ichra tok sug‘urib tashlandi, Yerga uloqtirib yuborildi. Sharqdan esgan shamol hosilini quritdi, Baquvvat novdalari sinib quridi. Hammasini olov yamlab yubordi. Endi bu tok sahroga o‘tqazilgan. Ha, quruq, suvsagan cho‘lga ekilgan. Uning poyasidan olov chiqdi, Novdalaru mevalarini kuydirib yubordi. Bironta baquvvat novdasi qolmadi, Saltanat hassasiga yaramaydigan bo‘ldi. Bu marsiya qo‘shig‘idir, u motam ohangida kuylanadi. Surgun bo‘lgan paytimizning yettinchi yili beshinchi oyning o‘ninchi kunida, ayrim Isroil oqsoqollari Egamizga maslahat solmoqchi bo‘lib, oldimga keldilar. Ular ro‘paramga o‘tirdilar. Shunda Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil oqsoqollariga ayt, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Sizlar hali Menga maslahat solmoqchi bo‘lib keldingizlarmi?! Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarga hech qanday maslahat bermayman!” deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Ey inson, kelgan bu odamlarni sen hukm qilishga tayyormisan? Qani, ularga ota–bobolarining qilgan jirkanch odatlari haqida gapirib ber–chi. Ularga ayt, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men Isroil xalqini tanlab, Misrda ularga O‘zimni tanitgan edim. O‘shanda Men ularga, Egangiz Xudo bo‘laman, deb ont ichgandim. Ularni Misrdan olib chiqishga, ular uchun tanlab qo‘ygan eng ulug‘vor yurtga, sut va asal oqib yotgan yurtga olib borishga ont ichgan edim. O‘shanda ularga aytgan edim: har biringiz, ko‘zingizni quvontirgan makruh butlaringizni yo‘qotinglar. Misr butlariga sig‘inib o‘zingizni bulg‘amanglar. Egangiz Xudo Menman. Ammo ular Menga qarshi isyon ko‘tardilar. Gapimga quloq solmadilar. Birontasi ham makruh butini tashlamadi, Misr xudolaridan ular voz kechishmadi. Shunda Men qahru g‘azabimni Misrdayoq ularning ustiga yog‘dirmoqchi bo‘ldim. Ammo shaxtimdan qaytdim. Isroil atrofida yashagan xalqlar oldida badnom bo‘lishni istamadim. Chunki Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqib, o‘sha xalqlar oldida O‘zimni tanitgan edim. Shuning uchun Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqdim, sahroga boshlab bordim. U yerda ularga farmonlarimni berdim, qonun–qoidalarimni bildirdim. Zotan qonun–qoidalarimga rioya qilgan har qanday kishi yashaydi. Men ularga Shabbat kunlarni O‘zim va ular orasidagi alomat qilib berdim. Toki ularni muqaddas qiladigan Egangiz Men ekanligimni bilishsin. Ammo ular sahroda ham Menga qarshi isyon ko‘tardilar. Farmonlarimni bajarmadilar, qonun–qoidalarimni rad etdilar. O‘shalarga rioya qilgan kishi yashagan bo‘lardi. Ular Shabbat kunlarimni ham bulg‘adilar. Shunda Men sahroda ularning ustiga g‘azabimni yog‘dirib, yo‘q qilib yubormoqchi bo‘ldim. Ammo Isroilni Misrdan olib chiqqanimni ko‘rgan xalqlar oldida badnom bo‘lmasligim uchun, shaxtimdan qaytdim. Shunday bo‘lsa–da, ularni dunyodagi eng ulug‘vor yurtga, sut va asal oqib yotgan yurtga olib bormayman, deb sahroda ont ichdim. Ular qonun–qoidalarimni rad etgan edilar, farmonlarimni bajarmagan edilar, Shabbat kunlarimni bulg‘agandilar. Qo‘yingki, qalblarini butlarga bag‘ishlagan edilar. Shunga qaramay, Men ularga achindim, sahroda qirilib ketishlariga yo‘l qo‘ymadim. Men ularning farzandlariga, ota–bobolaringiz yo‘lidan yurmanglar, ularning odatlariga taqlid qilmanglar, butlari bilan o‘zingizni bulg‘amanglar, deb uqtirdim. Men Egangiz Xudoman. Mening farmonlarimga rioya qilinglar, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Shabbat kunlarimni muqaddas deb bilinglar, chunki bular oramizdagi alomatdir. Shunda Egangiz Xudo Men ekanligimni bilib olasizlar.” “Ammo farzandlari ham Menga qarshi isyon ko‘tardilar. Qonunlarimga rioya qilgan kishi yashagan bo‘lardi. Ammo ular farmonlarimni bajarmadilar, qonun–qoidalarimga rioya qilmadilar. Shabbat kunlarimni bulg‘adilar. Shunda Men sahroda ularning ustiga g‘azabimni yog‘dirmoqchi bo‘ldim. Ammo Isroilni Misrdan olib chiqqanimni ko‘rgan xalqlar oldida badnom bo‘lmasligim uchun, O‘zimni tiydim. Shunday bo‘lsa–da, Men sahroda ont ichdim: sizlarni boshqa yurtlarga quvib yuboraman, xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, deb aytdim. Ha, ular qonun–qoidalarimni buzdilar, farmonlarimni rad etdilar, Shabbat kunlarimni bulg‘adilar, ko‘ngillari ota–bobolarining butlarini tusadi. Shuning uchun Men ularga yomon qonunlarni, hayot uchun yaramaydigan qoidalarni berdim. Ularni o‘zlari keltirgan nazrlari bilan bulg‘adim. Dahshatga solish uchun, to‘ng‘ich bolalarini qurbonlik qilishlariga yo‘l qo‘ydim. Toki Egasi Men ekanligimni bilib olishsin.” “Shuning uchun, ey inson, Isroil xalqiga shunday deb ayt: Egamiz Rabbiy aytmoqda, sizlarning ota–bobolaringiz Menga xiyonat qilib, shak keltirar edilar. Men, beraman, deb ont ichgan yurtga ularni olib kirganimdan so‘ng, ular ko‘ziga ko‘ringan har bir baland tepalik ustida, har bir yashil daraxt ostida o‘z xudolariga qurbonliklar keltirar edilar. Meni qattiq g‘azablantirar edilar! O‘sha xudolariga xushbo‘y tutatqilar tutatib, sharobni nazr qilardilar. Men ulardan: “Sizlar o‘sha xudolarga sajda qilish uchun qayerga borasizlar?” deb so‘radim. Ular menga: “Sajdagohlarga boramiz”, deb javob berdilar. Shu sababdan o‘sha joylar bugungi kungacha Bamax, deb atalmoqda. Shunday ekan, Isroil xalqiga borib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar ham ota–bobolaringiz singari o‘zlaringizni bulg‘amoqchimisizlar?! Menga befavolik qilib, makruh butlarga sig‘inmoqchimisizlar?! Sizlar butlarga nazrlar keltiryapsizlar. Bolalaringizni olovda kuydirib, qurbonlik qilyapsizlar. Bunday jirkanch qilmishlar bilan bugunga qadar bulg‘anib kelyapsizlar. Shunday ekan, qanday qilib Mendan maslahat so‘rashga jur’at etdingiz?! Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarga hech qanday maslahat bermayman.” Sizlar ichingizda: “Boshqa xalqlarga o‘xshasak edi, yog‘och va toshga sig‘inadigan ellarday bo‘lsak edi”, deb niyat qilasizlar. Ammo bu niyatingiz amalga oshmaydi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, cheksiz qudratim, ajoyibotlarim va alangali g‘azabim bilan sizlarga hukmronlik qilaman. Sizlar begona xalqlar orasiga tarqalib ketdingiz, Men sizlarni o‘sha yurtlardan olib chiqaman. Qudratim, ajoyibotlarim va alangali g‘azabim bilan sizlarni yig‘ib olaman. Sizlarni xalqlardan uzoqqa, sahroga olib boraman. U yerda hammangizni yuzma–yuz hukm qilaman. Men ota–bobolaringizni Misr sahrosida qanday hukm qilgan bo‘lsam, sizlarni ham xuddi shunday hukm qilaman, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Sizlarni cho‘ponning tayog‘i bilan saralayman, ahdimga bo‘ysunishga majbur qilaman. Menga qarshi gunoh qilgan isyonkor odamlarni orangizdan yo‘q qilaman. Sizlar musofir bo‘lib yurgan yurtdan o‘sha isyonkorlarni chiqarib yuboraman. Ammo Isroil yurtiga ular kirmaydilar. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Ey Isroil xalqi, Egangiz Rabbiy shunday demoqda: “Menga quloq solishni xohlamasangiz, yo‘qolinglar! Har biringiz butlaringizga sig‘inib yuraveringlar! Ammo nazrlaru butlaringiz bilan Meni badnom qila ko‘rmanglar. Zero, ey Isroil, butun xonadoning, faqat Mening muqaddas tog‘imda, Isroilning baland tog‘ida, yurtda Menga sajda qiladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — O‘sha yerda Men sizlarni qabul qilaman. Hadyalaru a’lo in’omlaringizni, muqaddas tortiqlar keltirishingizni buyuraman. Sizlar boshqa yurtlarga tarqalib ketgan bo‘lsangiz–da, Men sizlarni yig‘ib olaman, xalqlar orasidan olib chiqaman. Xushbo‘y tutatqining muattar hididan mamnun bo‘lganday sizlardan mamnun bo‘laman. Barcha xalqlarning ko‘zi oldida O‘z muqaddasligimni orangizda namoyon qilaman. Ota–bobolaringizga ont ichib, va’da qilgan Isroil yurtiga sizlarni olib kirganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Shunda sizni bulg‘agan qabih ishlaringizni, tutgan yo‘llaringizni eslab, o‘z–o‘zingizdan hazar qilasizlar. Sizning egri yo‘llaringiz, qabih ishlaringizga ko‘ra, Men ish tutmayman. O‘z nomim haqi, sizlarga yaxshilik qilaman. Shunda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, janubga yuzlanib, Nagavdagi o‘rmonga qarshi bashorat qilgin. Janubdagi bu o‘rmonga ayt: Egamizning so‘zini eshit! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sening har bir daraxtingni, ko‘karganini ham, quriganini ham yondirib yo‘q qilaman. Avj olgan alangani hech kim o‘chira olmaydi. Bu alanga janubdan shimolgacha bo‘lgan yer yuzini kuydirib tashlaydi. Bu olovni Men yondirganimni butun dunyo ko‘radi. Hech kim uni o‘chira olmaydi.” Shunda men yolvorib, dedim: — Yo Egam Rabbiy, bu odamlar menga, “Hadeb matallar bilan gapiraverasanmi?” deb aytishmoqda. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Quddusga yuzlan. Isroil yurtiga va barcha sajdagohlariga qarshi bashorat qil. Isroil yurtiga qaratib shunday so‘zlarni ayt: Egamiz aytmoqda, Men O‘zim senga qarshi chiqaman! Qilichimni qinidan sug‘urib, hammangizni — solihu fosiqlarni yo‘q qilaman. Qilichim janubdan shimolgacha bo‘lgan hamma jonzotni qirib tashlaydi. Shunda hamma Egangiz Men ekanligimni biladi. Ha, Men qilichimni qinidan sug‘uraman! Uni qaytarib joyiga solmayman.” “Ey inson, siqilgan odamga o‘xshab, chuqur xo‘rsingin, qayg‘urganingni hamma ko‘rsin. Ular sendan: “Nega xo‘rsinyapsan?” deb so‘rashganda, ularga shunday javob ber: “Noxush bir xabar eshitdim. U amalga oshganda odamlarning yuragi orqaga tortib ketadi, qo‘llarida mador qolmaydi, ruhi tushadi, ishtonlari ho‘l bo‘ladi. Mana o‘sha vaqt yaqinlashib qoldi! U albatta amalga oshadi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, bashorat qilib ayt: Rabbiy shunday demoqda: Mana, Men qilichimni yaltiratib, charxladim. Odamlarni qirish uchun qayradim. Chaqmoq kabi chaqnashi uchun yaltiratib tozaladim. Ammo bundan qanday xursand bo‘laylik?! Ey o‘g‘lim Yahudo, Qilichim saltanat hassasini mensimaydi, Har qanday tayoqni pisand qilmaydi. Mana, qilichim charxlandi, Ishlatish uchun tayyor bo‘ldi. Yaltiratib qayraldi, Qotil uchun hozirlandi. Ey inson, dod solib faryod qilgin! Zero, qilich xalqimga qarshidir, Barcha Isroil shahzodalariga qarshidir. Ular qilichdan nobud bo‘ladi, Xalq qatorida qirilib ketadi. Endi ko‘ksingga ur! Bu sinov paytidir! Qilich hatto Yahudoning saltanat hassasini mensimasa nima bo‘ladi?! Saltanatning kuni bitadi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Ey inson, bashorat qilgin. Kaftingni kaftingga uravergin, Qilich xalqimni qayta–qayta chopaversin. Bu qirg‘in qilichidir, Qirg‘in–barot qilichidir. U xalqimni har tomondan siqib kelmoqda! Odamlarning yuragi orqaga tortib ketdi, Ular qo‘rquvdan qoqila boshlashdi. Men qilichimni qirg‘in uchun o‘rnatdim, Shaharning har bir darvozasi oldiga qo‘ydim. Eh, mana qilichim yaltiratib tozalandi. Odamlarni qirish uchun qinidan chiqarildi. Ey qilichim, o‘ngdagilarni chop! So‘ldagilarni chop! Hammani tig‘dan o‘tkaz! Men ham kaftimni kaftimga uraman, Shunda jahldan tushaman. Bularni Men, Egangiz aytdim.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, xaritaga ikki yo‘lni tushir. Bobil shohi bu yo‘llardan yurib, hujum qiladi. Ikkala yo‘l ham bir joydan boshlansin. Yo‘llarning ayrilgan joyiga bir belgi qo‘ygin. Yo‘llardan biri Bobil shohini Ommon yurtining poytaxti Rabbaga, ikkinchisi Yahudo yurtining mustahkam shahri Quddusga olib borsin. Hozir Bobil shohi yo‘llar ayrilgan joyda turib, qaysi shaharga hujum qilish kerakligi haqida bosh qotiryapti. U kamon o‘qlarini silkitib, qur’a tashlayapti. But–sanamlarga maslahat solyapti, qurbonlik qilingan hayvonlarning jigariga qarab, fol ochdiryapti. U o‘ng qo‘li bilan “Quddus” deb yozilgan o‘qni chiqaradi. Quddus atrofiga devorteshar qurollarni o‘rnashtiradi. Lashkariga, o‘ldir, deya buyruq beradi, ularni jangga da’vat qiladi. Darvozani buzadigan qurollarni o‘rnashtiradi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi, qamal inshootlarini qurdiradi. Quddus aholisi Bobil shohiga sadoqat qasamini ichgani uchun, bu ularga soxta bashoratday tuyuladi. Ammo Bobil shohi ularning aybini yuziga soladi, ularni asir qilib oladi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey xalqim, sen ochiqchasiga isyon ko‘tarib, o‘z aybingni o‘zing fosh qilding. Qilgan har bir ishing bilan gunohlaringni ko‘rsatding. Shu bois sen asirlikka tushasan.” “Ey buzuq, fosiq Isroil hukmdori, sening kuning bitdi! Oxirgi jazoingning soati yetdi! Men Egang Rabbiy senga aytyapman: boshingdagi sallangni yech, tojingni olib tashla. Endi hammasi o‘zgaradi, xo‘rlangan odam yuksaladi, yuksalgan odam esa xo‘rlanadi. Qarang, vayronalar, vayronalar! Ha, Men Quddusni vayron qilaman. Ammo shaharni hukm qiladigan odam kelmaguncha bular sodir bo‘lmaydi. Men shaharni o‘shaning qo‘liga beraman.” Egamiz menga dedi: “Ey inson, bashorat qilib ayt: Isroilni mazax qilgan Ommon xalqi haqida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Ey qilich, qilich, sen qirg‘in uchun qindan chiqarilding. Odamlarni qirish uchun charxlanding, chaqmoq kabi yashnash uchun yaltiratib tozalanding! Ommon xalqi sen haqingda yolg‘on vahiylar ko‘ryapti, sen to‘g‘ringda bo‘lmag‘ur follar ochdiryapti. Sen bu yovuz, fosiqlarning boshini chopib tashlaysan! Ularning kuni bitdi, oxirgi jazosining soati yetdi! Qilichni qiniga solinglar! Ey Ommon xalqi, Men sizni ona yurtingizda, tavallud topgan joyingizda hukm qilaman. Ustingizga g‘azabimni sochaman, qahrimning olovini sizga ufuraman. Sizni shafqatsizlarning qo‘liga beraman, o‘sha mohir qotillarga topshiraman. Sizlar olovga yem bo‘lasiz, qoningiz ona yurtingizda to‘kiladi. Siz haqingizdagi xotira abadiy o‘chadi. Bularni Men, Egangiz aytdim.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, qotillar shahrini hukm qilgin. Uning jirkanch odatlarini yuziga solgin. Shunday deb ayt: Egamiz Rabbiy aytmoqda: ey Quddus, sen o‘z ko‘chalaringda qon to‘kib, boshingga balo orttirding. Butlar yasab, o‘zingni bulg‘ading. To‘kkan o‘sha qon uchun sen aybdor bo‘lding, yasagan butlar bilan bulg‘anding. Halokat kuningni yaqinlashtirding. O‘z hayotingga yakun yasading! Shu bois xalqlar seni mazax qilishlariga, yurtlar ustingdan kulishlariga Men yo‘l qo‘yaman. Ey yomon ot chiqargan, g‘alayonga to‘la shahar, uzog‘u yaqindagilar seni mazax qiladilar.” “Shahardagi Isroil yo‘lboshchilari o‘z mansabidan foydalanib, qon to‘kadilar. U yerdagi odamlar ota–onasini xor qiladilar, musofirlarni aldaydilar, yetim va bevalarga zulm o‘tkazadilar. Muqaddas narsalarimni xor qilib, Shabbat kunlarimni bulg‘aydilar. Ba’zilari odamlarni o‘ldirish uchun tuhmat qiladilar. Butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qiladilar, o‘zlarining shahvoniy hirslarini qondirish bilan ovora bo‘ladilar. Boshqalari o‘gay onalari bilan yotadilar, hayz ko‘rgan ayollarni zo‘rlaydilar. Qo‘shnining xotini bilan jirkanch ishlar qiladilar, kelinlarini uyatsizlarcha bulg‘aydilar, tug‘ishgan singillarining nomusiga tegadilar. Shahardagi ba’zi odamlar pul uchun odam o‘ldiradilar. Bergan qarzidan foiz undiradilar, o‘zganing bor–yo‘g‘ini tortib olib, daromad ko‘radilar. Meni esa unutib yubordilar!” deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Noxaq foyda ko‘rganingiz uchun, qon to‘kkaningiz uchun Men g‘azab ichra kaftimni kaftimga uraman. Adabingizni bergan kunim mardligingizni ko‘raman, o‘shanda Men bilan olishishga qurbingiz yetarmikan? Men, Egangiz aytganlarimni amalga oshiraman. Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman, iflos qilmishlaringizga chek qo‘yaman. Begona xalqlar sizlarni xor qilganda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil xalqi Men uchun toshqolday qadrsiz bo‘lib qoldi. Kumush eritilgandan keyin o‘choqda qotib qolgan mis, qalay, temir va qo‘rg‘oshin qorishmasi kabidir bu xalq. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sizlar toshqolday bo‘lib qolganingiz uchun, Men sizlarni Quddusga yig‘aman. Kumush, mis, qalay, temir va qo‘rg‘oshin o‘choqqa qanday yig‘ilsa, eritish uchun tagiga olov qanday yoqilsa, Men xuddi shunday qahru g‘azab bilan sizlarni yig‘aman, hammangizni shaharda eritib yo‘q qilaman. Ha, Men sizlarni Quddusga yig‘ib olaman, g‘azabim olovini sizga sochaman. Sizlar erib yo‘q bo‘lib ketasizlar. Kumush o‘choqda eriganday, sizlar qahrim o‘tida erib yo‘q bo‘lasizlar. Shunda ustingizga g‘azab o‘tini sochgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil xalqiga shunday deb ayt: Sizlar qahr kunida poklanmagan, ustiga yomg‘ir yog‘magan bir yurtdirsiz. Yurtingizdagi shahzodalar o‘kirayotgan, o‘ljasini tilka–pora qilayotgan sherga o‘xshaydi. Ular odamxo‘rlik qiladilar, mulku boylikni qo‘lga kiritadilar, qotilliklar qilib, bevalarning sonini ko‘paytiradilar. Ruhoniylar qonunimni buzib, muqaddas narsalarimni bulg‘adilar. Muqaddas bilan oddiy narsaning farqiga bormadilar. Odamlarga nima haromu nima halol ekanini o‘rgatmadilar, Shabbat kunlariga rioya qilmadilar, xullas xalqim orasida Men beobro‘ bo‘ldim. Isroil yo‘lboshchilari o‘ljasini tilka–pora qilayotgan bo‘riga o‘xshaydilar. Ular boylik orttirish uchun qon to‘kadilar, odamlarning jonini oladilar. Payg‘ambarlar esa devorni oqlagan mardikorlar kabi, ularning bu gunohlarini oqlaydilar. Yolg‘on vahiylar ko‘rib, soxta bashoratlar aytadilar. Men ularga gapirmasam ham,“Egamiz Rabbiy shunday demoqda” deb gapiradilar. Bu yurtdagi odamlar qallobligu o‘g‘irlik qiladilar, kambag‘alu nochorni ezadilar, musofirning bor–yo‘g‘ini tortib oladilar, haqini talab qilishga yo‘l qo‘ymaydilar. Devorni qayta quradigan, devorning o‘pirilib tushgan joyida turib, yurtni himoya qiladigan birorta odam bormikan, deya ularning orasidan izladim. Ammo yurtni qahrimdan saqlab qolmoqchi bo‘lgan bunday odamni topa olmadim. Shuning uchun Men ularga qahrimni sochaman, hammasini g‘azabim olovida yo‘q qilaman. Qilgan qilmishlariga yarasha jazosini beraman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, bir onadan tug‘ilgan ikki opa–singil bor edi. Ular Misrda fohishalik qilardilar. Yoshligidan fahsh yo‘liga kirgandilar. Qizlik ko‘kragi u yerda silandi, emchaklari siypalandi. Kattasining ismi Oxola, kichkinasining ismi Oxolibo edi. Men ikkovini ham O‘z nikohimga olgan edim, ular Menga o‘g‘il–qizlar tug‘ib berishdi. Oxola Samariyani, Oxolibo Quddusni bildiradi. Oxola Mening nikohimda bo‘la turib, fohishalik qilar edi. U o‘ynashlari bo‘lgan Ossuriyalik jangchilarga hirs qo‘ygan edi. Ularning hammasi kelishgan yigitlar, zangori libos kiygan, ot mingan hokimu lashkarboshilar edi. Oxola Ossuriyaning hamma sara erkaklari bilan fohishalik qilar edi. Hirs qo‘ygan har bir erkakning butlariga sig‘inib, o‘zini bulg‘ab yurardi. U Misrda qilgan fohishaliklarini tashlamadi. Yoshligida erkaklar u bilan yotishgan edi, qizlik ko‘kragini silab, shahvatini qondirishgan edi. Shu sababdan Men uni o‘ynashlarining qo‘liga topshirib qo‘ydim. U hirs qo‘ygan o‘sha Ossuriyaliklarning qo‘liga berdim. Ular Oxolani qip–yalang‘och qildilar, uni o‘ldirdilar. O‘g‘il–qizlarini o‘zlariga qul qilib oldilar. Jazosini tortgan Oxola ayollarning og‘zidan tushmay qoldi. Singlisi Oxolibo bularni ko‘rdi. Shunday bo‘lsa–da, suyuq oyoqligi va fohishaligi bilan opasidan o‘tib tushdi. U ham o‘sha Ossuriyalik hokimu lashkarboshilarga, qurol–aslahalar taqqan otliq xushbichim jangchilarga hirs qo‘ydi. Men Oxoliboning bulg‘anganini ko‘rdim, opasi bilan bir yo‘lni tanlaganini bildim. U borgan sari fohishalikka berilib ketar edi. Bir kuni u devorga tushirilgan Bobilliklarning rasmlarini ko‘rib qoldi. Ular qizil rangga bo‘yalgan edilar. Bellarida kamar, boshlarida ko‘rkam salla bilan tasvirlangan edilar. Ular Xaldey yurtida tug‘ilgan Bobil otliq sarkardalarga o‘xshar edilar. Oxolibo o‘sha rasmlarni ko‘rdi–yu shahvat uning qonini qizdira boshladi. U Bobilga choparlar jo‘natib, Bobilliklarni o‘z huzuriga chorladi. Bobilliklar uning oldiga kirdilar, ishq to‘shagiga u bilan yotdilar, o‘z hirsi bilan uni bulg‘adilar. Oxolibo bulg‘angandan keyin Bobilliklardan jirkanib ketdi, ulardan yuzini o‘girdi. U fohishalikka berilib, yalang‘och badanini hammaga ko‘z–ko‘z qilganda, Men undan jirkanib ketdim, opasidan yuz o‘girganimday undan ham yuzimni o‘girdim. U esa yoshlik davrini, Misrda qilgan behayoligini eslab, yanada ko‘p fohishalik qilaverdi. Jinsiy a’zolari eshaklarnikiday, maniylari ayg‘irlarnikiday bo‘lgan o‘ynashlariga hirs qo‘ydi. “Ey Oxolibo, sen yoshligingda qilgan behayoliklaringni qaytarmoqchi bo‘lding. O‘sha paytlarda Misrliklar emchaklaringni siypalagan edilar, qizlik ko‘kraklaringni silagan edilar.” Shuning uchun, ey Oxolibo, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sen o‘sha o‘ynashlaringdan jirkanib, ulardan yuzingni o‘girgansan, ammo Men o‘shalarni senga qarshi qo‘zg‘ataman. Ular har tomondan kelib, senga hamla qiladilar. Men Bobilliklarni, Paxo‘d, Sho‘va va Qo‘vadan kelgan hamma Xaldeylarni, jamiki Ossuriyaliklarni boshlab kelaman. Ot mingan o‘sha xushbichim yosh aslzodalarni, hokimu lashkarboshilarni, sarkardayu oliy toifali jangchilarni yig‘ib kelaman. Ular qurollanadilar, senga qarshi jang aravalar, yuk aravalar va talay lashkarni tortib keladilar. Boshiga dubulg‘a kiygan, qo‘liga qalqon va sipar tutgan jangchilar seni qurshovga oladilar. Hukm qilishlari uchun Men seni ularning qo‘liga topshiraman. Ular seni o‘z qonunlariga muvofiq hukm qiladilar. Men ustingga qahrimni yog‘diraman, lashkarlar seni shafqatsiz jazolaydilar. Ular sening burning va quloqlaringni kesib tashlaydilar, omon qolgan har bir odamni qilichdan o‘tkazadilar. O‘g‘il–qizlaringni asir qilib oladilar, omon qolganlarni yondirib yuboradilar. Ustingdagi kiyimlarni yechib oladilar, qimmatbaho taqinchoqlaringni olib ketadilar. Sen Misrda boshlagan fohishaligu suyuqoyoqligingga Men shu yo‘sin chek qo‘man. Bularga bo‘lgan ishtiyog‘ing yo‘qoladi, sen Misrni unutib yuborasan.” Zero, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men seni o‘zing nafratlangan, jirkanib, yuzingni o‘girgan odamlarning qo‘liga topshiraman. Ular nafrat bilan seni jazolaydilar, topgan–tutganingni tortib oladilar. Seni yalang‘och, hech vaqosiz tashlab ketadilar. Fohishaliging ochiladi, sharmanda bo‘lasan. Suyuqoyoqliging, fohishaliging tufayli shu ahvolga tushasan. Sen boshqa xalqlar bilan fohishalik qilding, ularning butlari bilan bulg‘anding. Sen opangning yo‘lidan ketding, shuning uchun Men opangga ichirgan jazo kosasidan senga ham ichiraman.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Sen ham opangning kosasidan ichasan, U kosa katta va chuqurdir. Seni mazax qilishadi, ustingdan kulishadi, U kosa limmo–lim to‘ladir. Sen qayg‘uga botib mast bo‘lasan. Ha, bu dahshatu vayrona kosasidir, Opang Samariyaning kosasidir. Sen kosani oxirgacha ichasan, Uni chil–chil sindirasan. Ko‘ksingni yulib, faryod qilasan.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sen Meni unutib, Menga orqa o‘girganing uchun, fohisha va suyuqoyoq bo‘lganing uchun jazo tortasan.” Egamiz menga dedi: “Ey inson, sen Oxola va Oxoliboni hukm qilishga tayyormisan? Tayyor bo‘lsang, ularning jirkanch odatlarini yuzlariga sol. Axir, ular zino qildilar, qonli jinoyatlarga qo‘l urdilar. Butlari bilan zino qilib, Mendan ko‘rgan bolalarini o‘sha butlarga qurbonlik qilib, yedirdilar. Bundan tashqari, o‘sha vaqtning o‘zidayoq muqaddas maskanimni harom qildilar, Mening Shabbat kunlarimni bulg‘adilar. Bolalarini butlarga atab so‘ygan kuni muqaddas maskanimga kirib, uyimni harom qildilar!” “Ular uzoq yurtlarga choparlar jo‘natib, erkaklarni o‘z huzuriga chorladilar. Ular yetib kelganlarda bu opa–singillar yuvinib–tarandilar, ko‘zlariga surma surdilar, taqinchoqlar bilan bezanib oldilar. Dasturxon tuzalgan serhasham supaga o‘tirdilar. O‘sha dasturxon ustiga Mening xushbo‘y tutatqimni va moyimni qo‘ydilar. Xonalaridan aysh–ishrat qilayotgan erkaklarning ovozi kelar edi. Sahrodan kelgan bu mayxo‘r qalang‘i–qasang‘ilar opa–singillarning qo‘llariga bilaguzuklar taqdilar, boshlariga chiroyli tojlar kiydirdilar. Shunda men: “Bu ayollar fohishalik qilaverib, holdan toyganlar. Nahotki kelganlar ularning bu ahvolini ko‘ra turib, ular bilan jinsiy aloqa qilishsa?!” deb o‘yladim ichimda. Kelgan erkaklar bu suyuqoyoqlar bilan birga bo‘lishdi. Ular fohishaning oldiga kirganday qayta–qayta Oxola va Oxoliboning oldiga kiraverishdi. Solih odamlar esa bu ikki opa–singilni zinokorlik va qotillikda ayblaydilar, chunki ular zinoga ruju qo‘yib, qo‘llarini qonga beladilar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Bir olomon odamni bu yerga yig‘ib kelinglar, ular bu ikki opa–singilni azoblab, bor–yo‘g‘ini tortib olishsin. Ularni toshbo‘ron qilib, tanalarini nimtalab tashlashsin, o‘g‘il–qizlarini o‘ldirishsin, uylariga o‘t qo‘yishsin. Shu yo‘sin Men yurtdagi bu behayolikka chek ko‘yaman. Buni ko‘rgan boshqa ayollar o‘zlari uchun saboq oladilar, bunday behayolik qilmaydigan bo‘ladilar. O‘sha ikkita opa–singil o‘z behayoligi tufayli jabr tortadilar, gunohkor butparastligining jazosini oladilar. O‘shanda Egasi Men ekanligimni biladilar.” Surgun bo‘lgan paytimizning to‘qqizinchi yili o‘ninchi oyning o‘ninchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, bu kunning sanasini yozib qo‘y, chunki Bobil shohi bugun Quddusni qamal qildi. Bu isyonkor xalqimga matal so‘zlab ayt: Egangiz Rabbiy shunday demoqda: o‘choqqa o‘t yoqing, qozonga suv quying. Qozon ichiga eng yaxshi go‘shtlardan — son va yelka go‘shtlaridan soling, ilikli suyaklar bilan qozonni to‘ldiring. Suruvning sara qo‘chqoridan so‘ying, o‘choqqa ko‘proq o‘tin yig‘ing, qozondagi suvni qaynating, go‘shtu suyaklarni obdan pishiring. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Qotillar shahri Quddusning holiga voy! Bu shahar qasmoqli qozon kabidir, uning qasmog‘i ketmaydigan bo‘lib qolgan. Qani, qozonni bir chekkadan bo‘shating, qo‘lingizga nima ilinsa, olib ketavering. Shahar ichida qotillik qilindi, odamlarning qoni qoyatoshga to‘kildi. O‘sha qon yerga to‘kilganda edi, tuproq bilan ko‘milib ketardi. Men qonni o‘sha qoya ustida qoldirdim, uni yashirib bo‘lmaydi. Men uni ko‘rganimda g‘azabim alanga oladi, u Meni qotillardan qasos olishga undaydi.” Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Qotillar shahri Quddusning holiga voy! Men O‘zim o‘tinni baland qilib uyaman. Qani, shox–shabbalarni yig‘ayin, olov yoqayin! Go‘shtni obdan pishiray, ziravorlardan solay. Suyaklar esa olovda yonib yo‘q bo‘lsin. Qozonni bo‘shatayin, ko‘mir ustiga qo‘yayin! Temir qozonni qizarguncha qizdirayin. Ichidagi iflosliklari erib ketsin, qasmoqlari olovda kuyib, yo‘q bo‘lsin. Eh, O‘zimni behuda urintiribman. Qozonning qalin qasmog‘i ketmadi. Uni qasmog‘i bilan olovga tashlanglar! Ey Quddus, sen behayoliging bilan o‘zingni bulg‘ading. Men seni tozalab ko‘rdim, ammo sen haromligingcha qolding. Endi ustingga O‘z qahrimni sochmagunimcha sen poklanmaysan. Men, Egangiz shunday dedim. Aytganlarimni amalga oshiradigan vaqti keldi. Endi O‘zimni tutib turmayman. Senga achinmayman, O‘z shaxtimdan qaytmayman. Tutgan yo‘llaringga, qilgan qilmishlaringga yarasha seni jazolayman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Men o‘lat yuborib, seni ko‘zing quvonchidan judo qilaman. Ammo sen aza tutma, faryod qilma, ko‘z yosh to‘kma. Ingragan tovush chiqarma, o‘lgan aziz odaming uchun motam tutma. Sallangni yechma, oyoq yalang yurma. Yuzingni yopma, ta’ziyaxonalarda yeyiladigan ovqatdan yema.” Ertalab men xaloyiqqa gapirdim. O‘sha kuni kechqurun esa mening xotinim olamdan o‘tdi. Ertasi kuni men Xudoning aytganini qildim. Odamlar mendan: “Nimaga bunday qilyapsan? Bu bilan bizga biron narsa aytmoqchimisan?” deb so‘radilar. Men ularga shunday javob berdim: Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qilib, Isroil xalqiga shu gaplarni aytib qo‘yishimni buyurdi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Faxrlanadigan qo‘rg‘oningiz, ko‘zingiz quvonchi, yuragingiz orzusi bo‘lmish muqaddas maskanimni Men harom qildiraman. Quddusda qolgan o‘g‘il–qizlaringiz qilichdan halok bo‘ladi.” Shunda men nima qilgan bo‘lsam sizlar shuni qilasizlar. Sizlar yuzingizni yopmaysizlar, ta’ziyaxonalarda yeyiladigan ovqatdan yemaysizlar. Sallangizni yechmaysizlar, oyoq yalang yurmaysizlar, aza tutmaysizlar, faryod qilmaysizlar. Gunohlaringiz sizlarni adoyi tamom qiladi, dardingizni bir–biringizga ingrab aytasizlar. Men sizlar uchun bir alomat bo‘laman, men hozir nima qilayotgan bo‘lsam sizlar ham shuni qilasizlar. O‘sha vaqt kelganda bu ishlarni Egangiz Rabbiy qilganini bilib olasizlar. Egamiz menga shunday dedi: “Ey inson, Men xalqimning qo‘rg‘onini, zavqu shuhratini, ko‘z quvonchi, yurak orzusi bo‘lmish Ma’badni vayron qilgan kunim o‘g‘il–qizlarini ham qirdirib tashlayman. Qirg‘indan qochib qutulgan bir odam o‘sha kuni yoningga keladi. U bo‘lib o‘tgan voqealarni senga so‘zlab beradi. Shunda sen yana tilga kirasan. Kelgan o‘sha odam bilan gaplashasan, boshqa sukut saqlamaysan. Xullas, xalqim uchun bir alomat bo‘lasan, shunda Egangiz Men ekanligimni ular bilib oladilar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Ommon xalqiga yuzlan, ularga qarshi bashorat qil. Ommon xalqiga ayt: Egamiz Rabbiyning so‘zlarini eshiting! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: muqaddas maskanim harom qilinganda, Isroil yurti xarob bo‘lganda, Yahudo xonadoni surgun qilinganda sizlar: “Aha!” deya xursand bo‘lgan edingizlar. Shuning uchun Men sizlarni sharqdagi ko‘chmanchilar qo‘liga topshiraman. Ular yurtingizda qarorgohlar qurib, chodirlarini tikadilar, hosilingizni yeb, sutingizni ichadilar. Men poytaxtingiz Rabbani tuyalar uchun dasht qilaman. Butun Ommon yurtini qo‘ylar uchun qo‘ra qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sizlar yuragingizdagi butun g‘araz bilan Isroilning baxtsizligiga sevindingizlar, chapak chalib, sakrab o‘ynadingizlar. Shu qilganingiz uchun, Men qo‘limni sizlarga qarshi ko‘taraman. Sizlarni boshqa xalqlarga o‘lja qilib beraman. Xalqlar orasidan sizlarni yo‘q qilib, yurtingizni yer yuzidan supurib tashlayman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “ Mo‘ab xalqi: — Yahudo xalqining boshqa xalqlardan hech qanday farqi yo‘q, — deb aytgani uchun, Men Mo‘abning g‘arbiy qanotini ochib tashlayman, yurtning gavharlari Bayt–Yashimo‘t, Baal –Miyon, Xiratayim shaharlarini vayron qilaman. Mo‘abni Ommon xalqi singari sharqdagi ko‘chmanchilarning qo‘liga beraman. Ommon xalqi yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi, Men Mo‘ab xalqini ham jazolayman. Shunda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “ Edom xalqi Yahudodan o‘ch olib, katta gunoh qildi.” Shu sababdan Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men ularga qarshi qo‘limni ko‘tarib, Edom yurtini vayron qilaman. Odamu hayvonlarini qirib tashlayman. Temon shahridan tortib, to Dedan shahrigacha bo‘lgan hammani qilichdan o‘tkazaman. Xalqim Isroil orqali Edomdan qasos olaman. Ular orqali qahru g‘azabimni Edomliklar ustiga sochaman. Shunda Edom xalqi qasosim nima ekanligini bilib oladi.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Asrlar davomida Filistlar adovat qilib, xalqimdan o‘ch oldilar. Xalqimni xonavayron qilish maqsadida, yuraklaridagi g‘arazga berilib, ulardan qasos oldilar.” Shu sababdan Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Men Filist yurtiga qarshi qo‘limni ko‘taraman, Xaret xalqini yo‘q qilaman, sohilda qolganlarning hammasini qirib yuboraman. Men ulardan dahshatli qasos olaman, g‘azabim ustida ularni jazolayman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.” Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili, oyning birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, mana, Tir Quddus haqida shunday deb aytmoqda: Aha! Xalqlarning savdo darvozasi buzildi. Menga keng yo‘l ochildi. Endi u vayron bo‘lganda men boyib ketaman.” Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Ey Tir, Men senga qarshiman! Men ko‘plab xalqlarni senga qarshi yig‘aman, ular dengiz to‘lqinlari kabi senga yopiriladilar. Shahringning devorlarini buzib, minoralaringni qulatadilar. Men tuprog‘ingni supurib tashlayman, seni yalang‘och bir toshloq holiga keltiraman. Dengiz o‘rtasidagi bu orolda baliqchilar to‘rlarini yoyib quritadigan bo‘ladilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Bu shahar xalqlarga o‘lja bo‘ladi. Tirga qarashli sohildagi hamma qishloqlar qilichdan o‘tkaziladi. O‘shanda ular Egasi Men ekanligimni bilib olishadi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men Tirga qarshi eng buyuk shohni — Bobil yurtining hukmdori Navuxadnazarni qo‘zg‘ataman. U Tir aholisi ustiga shimoldan otlaru jang aravalarni, suvorilaru katta lashkarni tortib keladi.” “Ey Tir, Bobil shohi senga qarashli barcha qishloqlaringni qilichdan o‘tkazadi. Shahar atrofiga qamal inshootlarini qurdiradi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi, senga qarshi qalqonlarini o‘rnatadi. Devorteshar qurollar bilan devorlaringga zarba beradi. Boltalar bilan minoralaringni buzadi. Devordan teshik ochilgan shaharga odamlar bostirib kirganday, Bobil shohi sening darvozalaringdan bostirib kiradi. Suvorilarining, g‘ildiragu jang aravalarining shovqinidan devorlaring titraydi. Son–sanoqsiz otlarining ko‘targan changi seni qoplab oladi. Otlarining tuyoqlari hamma ko‘chalaringni toptaydi. Odamlaring qilichdan yiqiladi, ulkan ustunlaring yer bilan yakson bo‘ladi. Dushman boyliklaringni talab ketadi, mollaringni o‘lja qilib oladi. Devorlaringni yiqitadi, hashamatli uylaringni vayron qiladi, toshlari, yog‘ochlari hatto tuprog‘ini ham dengizga uloqtiradi. Men qo‘shiqlaringga chek qo‘yaman. Arfangning navolari ham eshitilmaydigan bo‘ladi. Men seni yalang‘och bir toshloqqa aylantiraman, baliqchilar to‘rlarini quritadigan bir yer bo‘lasan. Hech kim shahringni qayta qurmaydi. Axir, bularni Men, Egangiz aytdim”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz Rabbiy Tirga shunday demoqda: “Shahringda qirg‘in bo‘lganda, yaradorlar ingraganda, qulashingning shovqinidan sohildagi barcha xalqlarni titroq bosadi. Dengiz bo‘yidagi saltanatlarning shohlari taxtlaridan tushib, zar choponu naqsh solingan liboslarini yechishadi. Ular vahimaga burkanib, yerga o‘tirishadi. Boshingga tushgan kulfatdan dahshatga tushib, to‘xtovsiz titrashadi. Ular sen haqingda shunday marsiya kuylashadi: Ey dong taratgan dengizchilar shahri, Naqadar vayron bo‘lding–a! Sen va sening aholing dengiz qudrati edilaring, Sohildagi barcha xalqlarni dahshatga solarding. Sen qulagan kuning sohillarni titroq bosdi, Halokatingdan dengizdagi orollar sarosimaga tushdi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men Tir shahrini huvullagan xarobazorga aylantiraman. Dengiz tubidagi ulkan suvlar bilan vayronalarni qoplayman. Ey Tir shahri, seni go‘rga, qadimda o‘tib ketgan odamlar oldiga tushiraman. Sen yer osti saltanatida yashaysan, abadiy vayronalar orasidagi marhumlarga hamroh bo‘lasan. Tiriklar dunyosiga hech qachon qaytib kelmaysan, obod bo‘lib ilgarigi mavqeingga erishmaysan. Ha, Men boshingga dahshatli o‘lim keltiraman, seni yo‘q qilaman. Seni qidirganlar seni hech qachon topa olmaydilar”, deb aytmoqda Egangiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Tir haqida bir marsiya kuyla. Dengiz sohilidagi yurtlar bilan savdo–sotiq qiladigan, dengiz darvozasida o‘rnashgan Tir shahriga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Ey Tir, sen “go‘zallikda barkamolman” deding. Ha, sening chegaralaring dengiz bag‘ridan o‘tgan, Quruvchilaring go‘zalligingni barkamol qilgan. Xermon tog‘idagi archa yog‘ochidan qurilgan Ulkan bir kemaday eding sen. Quruvchilaring machtangni yasash uchun Lubnondagi sadr yog‘ochini ishlatdilar. Eshkaklaringni Bashan emanlaridan yasadilar. Kema sahnini Kipr qarag‘aylaridan qildilar, Fil tishi bilan uni bezatdilar. Misrdan keltirilgan naqshli matolar yelkanlaring edi, Ular senga bayroq bo‘lib xizmat qilardi. Elishox qirg‘oqlaridan olib kelingan Ko‘k va safsar gazlamalar soyaboning edi. Sidon va Arvod odamlari eshkaklaringni eshar edi, O‘z mohir odamlaring esa kemalaringni boshqarar edi. Gabollik tajribali kemasozlaring bor edi, Ular kemangning yoriqlarini saqichlardi. Barcha kemalaru dengizchilar kelib, Sening mollaringni sotib olishar edi. Fors, Lidiya va Liviya yurtlaridan askarlar saflaringni tashkil qilar edi. Qalqonu dubulg‘alarini devorlaringga osib, Seni savlatli qilishar edi. Arvod va Xelekdan kelgan odamlar Devorlaringda soqchilik qilishardi, Gamadliklar minoralaringni qo‘riqlashardi. Devorlaringga qurollarini osib, Go‘zalligingni barkamol qilishardi. Sening boyliklaring shu qadar ko‘p ediki, hatto Tarshish aholisi sen bilan savdo–sotiq qilardi. Ular kumush, temir, qalay va qo‘rg‘oshinni mollaringga ayirboshlashardi. Yunonlar, Tuval va Meshex xalqlari sen bilan savdo–sotiq qilar edi. Mollaring evaziga qullarni va bronza buyumlarni berishar edi. To‘xarmo xalqi aravaga qo‘shiladigan otlarni, jang otlariyu xachirlarini mollaringga almashtirishardi. Ro‘don xalqi sen bilan savdo–sotiq qilar edi. Dengiz sohilidagi ko‘p yurtlar sening xaridorlaring edi. Ular fil tishi va obnus yog‘ochini senga to‘lov qilib berishardi. Mollaring behisob bo‘lgani uchun, Oram xalqi ham sen bilan savdo–sotiq qilardi. Mollaring evaziga qimmatbaho firuza toshlarni, safsar matolarni, naqsh solingan gazlamalaru mayin zig‘ir matolarni, marjonu yoqutlarni olib kelardi. Yahudo va Isroil yurtlari sen bilan tijorat qilishardi. Ular mollaring evaziga Minnitdan keltirilgan bug‘doy, tariq, asal, zaytun moyi va mumiyo olib kelishardi. Sening cheksiz boyliklaring, turli xil mollaring tufayli, Damashq aholisi sen bilan savdo–sotiq qilardi. Mollaring evaziga ular Xelbon sharobini va oppoq yungni olib kelishardi. Uzol shahridan sharob keltirib, sen bilan tijorat qilishardi. Ishlov berilgan toza temir, dolchin, xushbo‘y qamishni mollaringga almashtirishardi. Dedanliklar senga ot yopiqlarini sotishar edi. Qo‘zichoq, qo‘chqor va echkilar bilan seni ta’min qilgan Arabiston va Kedar shahzodalari mollaringni xarid qilishardi. Shava va Ramo savdogarlari sen bilan tijorat qilishardi. Mollaring evaziga eng a’lo ziravorlarni, qimmatbaho toshlaru oltinni berishardi. Xoron, Xannox va Eden shaharlari hamda Shava, Oshur va Xilmad savdogarlari sen bilan tijorat qilishardi. Ular qimmatbaho liboslar, ko‘k matolar, naqsh solingan ko‘ylaklar, rang–barang gilamlar, puxta eshilgan arqonlarni senga sotishardi. Tarshish kemalari karvonlaring bo‘lib xizmat qilardi. Sen dengizda suzgan bir kemadaydirsan, Og‘ir yuk bilan yuklangansan. Evoh, eshkakchilaring seni ochiq dengizga olib chiqishadi. Sharq shamoli seni dengiz bag‘rida parchalab yuboradi. Kemang halokatga uchragan kuni Mollaring, boyliklaring, Dengizchilaring, darg‘alaring, Kemasozlaring, savdogarlaring, Jangchilaring va kemadagi odamlaring Dengiz tubiga cho‘kib, halok bo‘ladilar. Cho‘kayotgan darg‘alaring faryod qiladi, Dodlari sohillarni larzaga soladi. Hamma eshkakchilar kemalarini tark etadi, Dengizchilaru darg‘alar sohilga chiqib oladi. Ular sen uchun faryod qiladi, Achchiq–achchiq ko‘z yoshlar to‘kadi. Boshlaridan tuproq sochadi, Kulga belanib, yotib oladi. Seni deb sochlarini qirdiradi, Qanorga o‘ranib oladi, Qayg‘udan yurak–bag‘ri qon bo‘ladi. Ular yig‘lab, sen haqingda marsiya kuylaydi: “Tir kabi bironta shahar bormi?! Dengiz uni o‘z qa’riga tortib ketdi. Sen dengiz ortidan keltirgan mollaring bilan, Ko‘plab xalqlarning ehtiyojini qondirding. Cheksiz ziynatlaru mollaring bilan Dunyo shohlarini sen boyitding. Endi esa dengiz seni parchaladi, O‘z domiga seni tortib ketdi. Barcha mollaringu dengizchilaring Sen bilan birga nobud bo‘ldi. Sohildagi xalqlar kulfatingni ko‘rib, dahshatga tushadi. Shohlarning afti qo‘rquvdan burishib ketadi. Ahvolingdan dunyo savdogarlari yoqasini ushlaydi. Ha, sening boshingga dahshatli o‘lim keldi, Sen abadiy yo‘q bo‘lasan.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Tir shohiga ayt, Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: sen mag‘rurlanib ketding. “Men xudoman, dengiz bag‘ridagi xudolar taxtida o‘tiribman”, deb aytding. Sen o‘zingni xudoday dono deb bilasan, axir, sen xudo emas, insonsan–ku! Nahotki Doniyordan ham dono bo‘lsang?! Nahot barcha sirlarni bilsang?! Sen donoliging va aqling bilan o‘zingga davlat orttirding, xazinalaringni oltinu kumushga to‘ldirding. Savdo–sotiqdagi iqtidoring bilan ko‘p davlat yig‘ding. Ammo boyliging tufayli mag‘rurlanib ketding.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sen o‘zingni xudoday dono deb bilganing uchun, Men ustingga begona xalqni tortib kelaman. Ular o‘taketgan yovuz xalqdir. Ular go‘zalliging va donoligingga qarshi chiqib, qilich yalang‘ochlaydilar. Hashamatingni xor qiladilar. O‘zingni esa tubsiz chuqurlikka uloqtiradilar. Ha, sen dengiz bag‘rida azoblanib jon berasan. Shunda, jallodlaring oldida “men xudoman”, deb aytarmikansan?! Axir, qotillaring qo‘lida sen xudo emas, oddiy bir inson bo‘lasan! Sen musofirlar qo‘lida sunnatsizlar kabi o‘lasan”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga yana shunday dedi: “Ey inson, Tir shohi haqida marsiya kuylab ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Ey Tir shohi, sen barkamollikning a’lo namunasi bo‘lding. Nihoyatda dono, go‘zallikda barkamol eding. Sen Xudoning bog‘i Adanda yashar eding. Qizil yoqut, xrizolit, olmos, Topaz, aqiq, yashma, Zangori yoqut, firuza va zumrad kabi Qimmatbaho toshlar bilan bezanar eding. Taqinchoqlaring oltindan yasalgan edi. Sen yaralgan kuning bular tayyorlangandi. Men seni soqchi karub qilib tanladim, O‘sha martabaga seni tayinladim. Sen Xudoning tog‘ida yashar eding, Olovday tovlangan toshlar orasida yurar eding. Bino bo‘lganingdan, to qabihlik qilguningga qadar, Sen to‘g‘ri yo‘ldan yurding. Katta tijorating tufayli, Yovuzlikka to‘lib, gunoh qilding. Men seni sharmandalarcha Xudoning tog‘idan haydadim. Ey soqchi karub, Men seni chiqarib yubordim, Olovday tovlangan toshlar orasidan haydadim. Sen go‘zalliging tufayli mag‘rurlanib ketgan eding. Savlating tufayli aql–farosatdan voz kechgan eding. Shuning uchun Men seni yerga uloqtirdim, Shohlar oldida sharmandangni chiqardim. Sen cheksiz gunohlaring bilan, Savdo–sotiqdagi nohaqliklaring bilan, O‘z sajdagohlaringni bulg‘ading. Shuning uchun Men ichingdan olov chiqardim, Seni kuydirib tashladim. Odamlarning ko‘zi oldida kulingni ko‘kga sovurdim. Seni bilgan xalqlar ahvolingni ko‘rib, dong qotdilar. Sening boshingga dahshatli o‘lim keldi, Sen abadiy yo‘q bo‘lasan.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Sidon shahriga yuzlan, unga qarshi bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Ey Sidon, Men senga qarshiman! Men sening orangda O‘zimni ulug‘layman. Seni jazolab, sen orqali muqaddasligimni ayon qilaman. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan. Men seni dahshatli o‘latga giriftor qilaman. Ko‘chalaringda qon daryo bo‘lib oqadi. Dushmanlaring senga har tomondan hamla qiladi, odamlarning jasadlari shahar ichida yotadi. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan.” Isroil xalqidan hazar qilib, zulm o‘tkazgan bironta qo‘shni xalq bundan buyon Isroil xalqi uchun tikan va yantoqday bo‘lmaydi. Isroil xalqi Egasi Rabbiy Men ekanligimni bilib oladi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men xalqim Isroilni tarqatib yuborgan uzoq yurtlardan yig‘ib olaman. Ular orqali barcha xalqlarga muqaddasligimni ayon qilaman. Men qulim Yoqubga mulk qilib bergan yerda ularni o‘rnashtiraman. Ular osoyishta hayot kechiradilar. Uylar qurib, uzumzorlar barpo qiladilar. Ulardan hazar qilgan qo‘shni xalqlarni jazolaganim uchun, xalqim bexatar, tinch yashaydi. O‘shanda Egasi Xudo Men ekanligimni bilib oladi.” Surgun bo‘lgan paytimizning o‘ninchi yili o‘ninchi oyning o‘n ikkinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Misr fir’avniga yuzlan. Unga va butun Misr xalqiga qarshi bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey Misr fir’avni, Men senga qarshiman. Sen Nil havzalarida cho‘zilib yotgan bamisoli buyuk ajdarhodirsan. Sen: “Nil daryosi mening shaxsiy mulkim, uni o‘zim uchun yaratganman”, deb aytasan. Ammo Men jag‘laringga ilmoqlar solaman. Teringdagi tangachalaringga baliqlarni yopishtiraman. Seni teringga yopishgan baliqlar bilan birga quruqlikka tortib chiqaraman. Men seni va havzalaringdagi hamma baliqlarni sahroga uloqtirib tashlayman. Sen ochiq maydonda yotasan. Seni olib, ko‘madigan odam bo‘lmaydi. Men seni dasht hayvonlariyu osmon qushlariga yem qilib beraman. Shunda butun Misr xalqi Egangiz Men ekanligimni bilib oladi. Sen xalqim Isroil uchun qamish hassaday bo‘lding. Ular seni ushlaganda, sen yorilib, qo‘llarini kesib yubording. Senga suyanganlarida sinib, bellarini chiqarib yubording.” Shu bois Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Men sening boshingga qilich keltiraman, odamu hayvonlaringni qilich tig‘idan o‘tkazaman. Butun Misr yurtini tashlandiq xarobazorga aylantiraman. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan. Sen: “Nil meniki, men o‘zim uni yaratdim”, deb aytganing uchun, Men senga va sening barcha havzalaringga qarshi chiqaman. Butun Misr yurtini butunlay xarob qilaman. Migdoldan tortib, to Savanaygacha va janubdagi Habashiston hududigacha hamma yerlarini tashlandiq qilaman. Odam u yerga oyog‘ini bosmaydi, hayvonlar ham u yerdan yurmaydi. Qirq yil mobaynida u yerda hech kim yashamaydi. Men Misr yurtini dunyodagi eng xarob yurtga aylantiraman. U yerdagi shaharlar qirq yil mobaynida tashlandiq bo‘lib yotadi, vayronalari boshqa shaharlardan battar bo‘ladi. Men Misrliklarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman.” Egamiz Rabbiy yana shunday demoqda:“Qirq yil o‘tgach, Men xalqlar orasiga tarqatib yuborgan Misrliklarni yig‘ib olaman. Ularni yana farovonlikka erishtirib, o‘z ona yurti Patro‘sga olib kelaman. Ularning shohligi ojiz bir shohlik bo‘ladi. Ha, ular dunyoning eng ojiz shohligi bo‘lib, hech qachon boshqa xalqlardan ustun bo‘lishmaydi. Men ularni shu qadar ahamiyatsiz qilamanki, ular o‘z hukmini boshqa xalqlarga o‘tkaza olmaydi. Xalqim Isroil endi hech qachon o‘z umidini Misrga bog‘lamaydi. Ular Misrdan yordam so‘rab, gunoh qilganlarini doimo eslarida tutadilar. O‘shanda Egasi Rabbiy Men ekanligimni bilib oladilar.” Surgun bo‘lgan paytimizning yigirma yettinchi yili birinchi oyning birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Bobil shohi Navuxadnazar Tirga qarshi shiddatli urush olib bordi. Bobil lashkarlarining sochlari to‘kilib, yelkalari shilinib yallig‘landi. Ammo qilgan mehnatlariga yarasha ular Tirdan hech qanday o‘lja ololmadilar.” Shu bois Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Men Misr yurtini Bobil shohi Navuxadnazarga beraman. U Misrni talon–taroj qilib, u yerdagi boyliklarni o‘zi bilan olib ketadi. Misr boyliklari Bobil lashkarlari uchun mehnat haqi bo‘ladi. Ha, Men Misr yurtini Bobil shohiga mehnat haqi qilib berdim, chunki u va uning lashqarlari Mening xizmatimni kildilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “O‘sha kuni Men Isroil xalqining qudratini tiklayman. Bu so‘zlarimni xalqimga yetkazishing uchun Men senga kuch beraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni ular bilib oladilar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Sho‘rimiz qursin, evoh! Dahshatli kun yaqinlashdi, Egamizning kuniga oz qoldi. Mana shu kun bulutli kun bo‘ladi, Xalqlar kulfat chekadigan zamon boshlanadi. Misrning bo‘g‘ziga qilich keladi, Habashiston kulfat azobida qoladi. Misrda ko‘p odamlar halok bo‘ladi, Uning boyligi olib ketiladi, Poydevori buzib tashlanadi. Habashiston, Liviya, Lidiya, butun Arabiston, Kub va Misrning boshqa ittifoqchilari jangda halok bo‘ladilar.” Egamiz aytmoqda: “Misr ittifoqchilarining ustiga qirg‘in keladi. Ularning jasadlari shimoldagi Migdoldan to janubdagi Savanaygacha yotadi. Misrning mag‘rur qudrati halok bo‘ladi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Misr dunyoning eng xarob yurtiga aylanadi, u yerdagi shaharlar vayron bo‘ladi. Men Misrga o‘t qo‘yib, uning madadkorlarini tor–mor qilaman. Shunda Egasi Men ekanligimni Misrliklar bilib oladilar.” O‘sha kuni xotirjam yashayotgan Habashistonliklarni qo‘rqitish uchun Men kemalarda elchilarimni jo‘nataman. Misr ustiga kulfat tushgan kuni Habashistonliklar azobda qoladilar. Mana, o‘sha kun hademay keladi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men Bobil shohi Navuxadnazar orqali Misrning to‘dasini yakson qilaman. Navuxadnazar qo‘shin tortib keladi. Ular o‘taketgan yovuz xalqdir. Ular butun yurtni xarob qiladilar. Misrliklarni qilichdan o‘tkazib, yurtni jasadlarga to‘ldiradilar. Men Nil havzalarini quritaman, yurtni razil odamlarning qo‘liga beraman. Kelgindilarning qo‘li bilan Misrni va u yerdagi hamma narsani tashlandiq sahroga aylantiraman. Bularni Men, Egangiz aytdim.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men barcha butlarni yo‘q qilaman, Nuf ma’budalariga chek qo‘yaman. Misr yurtida bironta hukmdor qolmaydi, Misrliklarni qo‘rquv qamrab oladi. Men Patro‘sni tashlandiq qilaman. Zo‘van shahriga o‘t qo‘yaman, Misr poytaxti No‘ni jazolayman. Misrning mustahkam Sin qal’asini g‘azabimga giriftor qilaman, poytaxt shahar No‘ning to‘dasini qirib tashlayman. Butun Misr yurtiga olov qo‘yaman! Sin aholisi cheksiz azobda qoladi, No‘ shahrining devori yiqitiladi, qo‘rquv Nuf shahrini karaxt qiladi. On va Pi–Bashat yigitlari jangda halok bo‘lishadi, shaharlar aholisi asirlikka tushadi. Men Misrning hukmronligini yo‘q qilganimda, uning pesh qilgan qudratini sindirganimda, Taxpanxas shahri qorong‘ilikka botadi, uni qora bulutlar qoplab oladi. Shahar atrofidagi qishloqlar asirlikka tushadi. Shu yo‘sin Men Misrni jazolayman. O‘shanda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.” Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili birinchi oyning yettinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Men Misr fir’avnining qo‘lini sindirdim. Hech kim uning qo‘lini bog‘lamadi, taxtakachlab qo‘ymadi. Endi uning qo‘li shifo topmaydi, qilich ushlashga qodir bo‘lmaydi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men fir’avnga qarshiman. Men uning ikkala qo‘lini, sog‘ qo‘lini ham, singan qo‘lini ham sindiraman. Qo‘lidagi qilichni yerga tushirib yuboraman. Misrliklarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman. Bobil shohining kuchiga esa kuch qo‘shib, qo‘llariga qilichimni tutqazaman. Ha, Men fir’avnning qo‘llarini sindiraman, u dushmani oldida og‘ir yaralangan odam kabi ingraydi. Uning qo‘llari arqonday osilib qoladi, Bobil shohining qo‘llarini esa Men kuchli qilaman. Uning qo‘llariga qilichimni tutqazib, Misrga qarshi yuboraman. Shunda Egasi Men ekanligimni Misrliklar bilib oladilar. Ha, Men Misrliklarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.” Surgunda bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili uchinchi oyning birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Misr fir’avni va uning to‘dasiga shunday deb ayt: Buyukligingda senga teng keladigan kim bor?! Ossuriyaga bir qara! U ham bamisoli Lubnondagi sadr daraxti edi, Ko‘rkam shoxlari o‘rmonga soya solar edi, Baland qomatining uchi bulutlarga o‘ralashardi. Suvlar uni sug‘orar edi, Yer osti buloqlari uni o‘stirar edi. Anhor suvlari ildizlarining atrofida oqar edi, Irmoqlari hamma dasht daraxtlarini to‘ydirardi. Bu ulkan sadr baland o‘sib, Atrofdagi hamma daraxtlardan daroz bo‘ldi. Mo‘l sug‘orilgani uchun novdalari o‘sdi, Shoxlari uzun va sersoya bo‘ldi. Barcha osmon qushlari shoxlarida in qurar, Ostida barcha yovvoyi hayvonlar bolalashar, Soyasida hamma buyuk xalqlar yashardi. Bu ko‘rkam, salobatli daraxt edi, Uning shoxlari keng yoyilgan edi. Axir, ildizlari serob suvdan bahra olardi. Xudoning bog‘idagi birorta sadr unga teng kelmas edi, Birorta archa butoqlari bilan bellasha olmas edi. Birorta chinor bunday shoxlarga ega emasdi, Xudoning bog‘idagi birorta daraxt shu qadar go‘zal emasdi. Men uni go‘zal qilib yaratdim, Shox–butalarini serfayz qildim. Edendagi hamma daraxtlar unga havas qilardi, Ha, Xudo bog‘idagi hammaning unga havasi kelardi.” Shu bois Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Bu sadr daraxti baland o‘sib, uchi bulutlarga yetdi. U balandligidan mag‘rurlanib ketdi. Men uni ajnabiy hukmdorning qo‘liga topshirdim. U o‘sha daraxtni fosiqligiga yarasha jazoladi. Men O‘zim esa bu daraxtdan voz kechdim. Ajnabiylarning eng yovuz xalqi uni yiqitib, tashlab ketdi. Chopilgan shoxlari qirlaru vodiylarda, singan butoqlari yurtning hamma jarliklarida sochilib yotdi. Soyasida orom olgan jahonning hamma xalqlari tarqalib ketdi. Barcha osmon qushlari ag‘darilib yotgan daraxt tanasiga kelib qo‘ndi, barcha yovvoyi hayvonlar shoxlari orasiga kirib yotdi. Toki suv bo‘yiga o‘tqazilgan, birorta daraxt endi bu qadar baland bo‘lib o‘smasin. Ularning uchi bulutlarga tegmasin. Suvga to‘ygan birorta daraxt shunchalik baland bo‘lmasin. Ularning hammasi foniy bandalar kabi bu dunyodan o‘tib ketishadi, qabrdagi marhumlarga hamroh bo‘lishadi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “O‘sha ulkan daraxt o‘liklar diyoriga tushganda, unga aza tutishlari uchun Men yer osti suvlarini berkitgan edim. Daryolariga to‘siq qo‘ygan edim, serob suvlarini to‘xtatgan edim. Uni deb Lubnon tog‘lariga zulmat libosini kiydirgan edim. Uni deb hamma o‘rmon daraxtlari xazon bo‘lgan edi. Men o‘sha daraxtni chuqurdagi marhumlarga hamroh qilib, o‘liklar diyoriga tushirganimda, qulashining shovqinidan xalqlar qo‘rquvga tushib, titragan edi. O‘shanda Eden bog‘ining yer qa’riga tushgan hamma daraxtlari, Lubnonning eng sara, eng a’lo, yaxshi sug‘orilgan hamma daraxtlari uning qulashidan taskin topgan edi. Uning panasida yashagan ittifoqchilarining hammasi daraxt bilan birga o‘liklar diyoriga tushishgan. Ular qilich tig‘idan halok bo‘lganlarga qo‘shilishgan. Ey Misr, sening shon–shuhratingu salobatingni Edendagi qaysi daraxtga qiyoslasam bo‘lar ekan–a? Sen ham Edendagi boshqa daraxtlar singari yer qa’riga tushasan. Qilichdan halok bo‘lgan sunnatsizlar bilan birga go‘rda yotasan.” “Bu daraxt fir’avn va Misr to‘dasining timsolidir”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Surgundaligimizning o‘n ikkinchi yili o‘n ikkinchi oyning birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, fir’avn haqida shunday marsiya kuyla: Sen o‘zingni xalqlar orasidagi sher deb bilasan. Ammo sen suvdagi ajdarho kabidirsan! Sen irmoqlaringdagi suvni ko‘pirtirasan, Oyoqlaring bilan uni loyqalatasan.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Bir talay xaloyiq yig‘ilganda, Men ustingga to‘r tashlayman. Ular esa seni qirg‘oqqa tortib chiqarishadi. Men seni yerga uloqtiraman, Yalanglikka tashlab qo‘yaman. Osmondagi barcha qushlarni ustingga qo‘ndiraman. Yer yuzidagi hamma yovvoyi hayvonlarga Seni yem qilib beraman. Ichak–chovoqlaringni qirlarga yoyib tashlayman, Vodiylarni jasading qoldiqlari bilan qoplayman. Yurtni tog‘largacha oqqan qoning bilan sug‘oraman, Jarliklarni sening eting bilan to‘ldiraman. Seni daf qilganimda, osmonni to‘sib qo‘yaman, Yulduzlarni zulmatga cho‘ktirib yuboraman. Quyosh yuzini bulut bilan qoplayman, Oy nurini so‘ndiraman. Boshing uzra porlagan Hamma osmon chiroqlarini o‘chiraman. Yurtingni zulmat quchog‘iga otaman”, Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Men qulashingning xabarini xalqlar orasiga yoyaman, sen bilmagan yurtlarga yetkazaman. Shunda ko‘p xalqlarning yuraklariga vahima solaman. Boshingga tushiradigan kulfatlar bois ko‘p xalqlarning aqlini shoshiraman. Qilichimni o‘ynatib, sen tufayli ularning hukmdorlarini titrataman. Boshingga kulfat kelgan kuni, ularning har biri jonini hovuchlab, qaltiraydi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “ Bobil shohining qilichi bo‘g‘zingda bo‘ladi. Lashkarlaring o‘taketgan yovuz xalqning qo‘liga tushadi. Ular qudratli jangchilar tig‘idan o‘ladi. Sening g‘ururing poymol etiladi, to‘da lashkarlaring halok bo‘ladi. Serob suvlar bo‘yidagi hamma podalaringni Men qirib tashlayman. Bundan buyon birorta inson oyog‘i bilan suvlarni loyqalatmaydi, birorta hayvon tuyoqlari bilan uni bulg‘amaydi. Men Misr suvlarini tindiraman, irmoqlarini moyday oqadigan qilaman”, deb aytmoqda Egamiz. “Men Misrni tashlandiq qilganimda, u yerdagi hamma narsani yo‘q qilganimda, butun aholisini qirib tashlaganimda, Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar. Misr uchun aytiladigan marsiya shudir. Ajnabiy ayollar bu marsiyani kuylashar. Ha, bu motam she’rini Misr va uning to‘dasiga bag‘ishlab aytishar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. O‘sha oyning o‘n beshinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Misr va uning to‘dasi uchun qayg‘urib yig‘la. Ularni boshqa buyuk xalqlar qatorida go‘rdagi marhumlar oldiga jo‘nat. Ularga shunday deb ayt: sen o‘zingni boshqalardan go‘zal deb bilasanmi? Qani bor, sunnatsizlar bilan bir go‘rda yot!” Misrliklar jangda halok bo‘lganlar bilan birga jon beradilar. Mana, qilich hozirlandi! U Misrni va uning to‘dasini qirib tashlasin. O‘liklar diyoridagi buyuk sarkardalar Misrliklar va ularning ittifoqchilarini qarshilab olishadi. Ular shunday deb hayqirishadi: “Bu sunnatsizlar jangda halok bo‘lishdi, yer bag‘riga tushib kelishdi, endi shu yerda yotishibdi!” Ossuriya ham u yerda, sipohlarining qabrlari orasida yotibdi. Ularning hammasi qilichdan halok bo‘lishgan. Qabrlari chuqurlikning eng tubidadir. Ossuriyaning qabri sipohlarining qurshovida joylashgan. Ha, tiriklar dunyosiga dahshat solgan hamma qilichdan halok bo‘ldi. Elam ham o‘sha yerda, bir to‘da sipohlarining qabrlari orasida yotibdi. Ularning hammasi jangda halok bo‘lgan. Bu sunnatsizlar narigi dunyoga ketgan. Ular tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi, endi esa go‘rdagi marhumlar singari isnodga qolishdi. O‘ldirilganlar orasida Elam uchun to‘shak hozirlangan. Bir to‘da sipohlari uning atrofiga dafn qilingan. Jangda halok bo‘lgan bu sunnatsizlar qachonlardir tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi, endi esa go‘rdagi marhumlar singari isnodga qolishdi. Ha, ular halok bo‘lganlar orasida o‘rnashishdi. Meshex bilan Tuval ham o‘sha yerdadir. Ular sipohlarining qabrlari orasida yotishibdi. Bu sunnatsizlarning hammasi jangda halok bo‘lishgan. Biroq ular ham qachonlardir tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi. Qadimda qahramonlarni qurol–aslahalari bilan birga dafn qilishar edi. Marhumlarning boshi ostiga qilich qo‘yib, tanasini qalqon bilan yopishar edi. Biroq Meshex bilan Tuval bunday izzat–ehtiromlarga sazovor bo‘lmadi, chunki ular tirikligida butun jahonga dahshat solishgan edi. Sen ham, ey fir’avn, yo‘q qilinasan. Jangda halok bo‘lgan sunnatsizlar bilan birga yotasan. Edom ham o‘z shohlariyu rahnamolari bilan o‘sha yerdadir. Ular o‘z qudratiga qaramay, o‘ldirilganlar orasiga dafn qilinganlar. Go‘rdagi sunnatsizlar bilan birga yotishibdi. Shimol saltanatlarining hamma shahzodalari va hamma Sidonliklar o‘sha yerdadir. Ular qachonlardir buyuk qudrati bilan butun jahonni dahshatga tushirishgan edi, so‘ng sharmandalarcha halok bo‘lishdi. Bu sunnatsizlar qilichdan halok bo‘lganlar orasida yotishibdi. Ular go‘rdagi marhumlar singari isnodga qolishdi.” Egamiz Rabbiy aytmoqda: “O‘z to‘dasidan ayrilgan fir’avn bu cheksiz qabristonning manzarasini ko‘rib, taskin topadi. Men u orqali butun jahonni dahshatga solgan bo‘lsam ham, fir’avn va uning barcha qo‘shinlari jangda halok bo‘lgan sunnatsizlar orasida yotadi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, xalqing oldiga borib shunday so‘zlarni ayt: Bordi–yu, Men biron bir yurtga qilich yubormoqchi bo‘lsam, o‘sha yerdagi xalq o‘ziga bir soqchini tayinlaydi. Soqchi yaqinlashib kelayotgan yov qo‘shinlarini ko‘rgach, burg‘u chalib bu haqda butun xalqni ogohlantiradi. Bordi–yu, burg‘u ovozini eshitgan odamlar beparvolik qilib halok bo‘lishsa, ularning qoni o‘z gardanida qoladi. Ular burg‘u ovozini eshitib turib, unga e’tibor bermaganlari uchun, o‘z boshini o‘zlari yegan bo‘ladilar. Ular ogohlantirishga e’tibor berganda, jonlarini saqlab qolishlari mumkin edi, axir! Bordi–yu, soqchi yaqinlashib kelayotgan yov qo‘shinini ko‘rib turib, burg‘u chalmasa, u xalqni ogohlantirmagan bo‘ladi. Halok bo‘lgan odamlar o‘z gunohlari uchun o‘ladilar, biroq ular uchun Men soqchidan o‘ch olaman. Shu singari, ey inson, Men seni Isroil xalqi uchun bir soqchi qilib tayinladim. Sen og‘zimdan chiqqan har bir so‘zimni xalqimga aytib, ularni ogohlantirasan. Bordi–yu, Men fosiqqa: “Ey fosiq, sen o‘lasan”, deb aytsam–u, sen esa unga gapirmasang, uni yomon yo‘ldan qaytarish uchun ogohlantirmasang, o‘sha fosiq o‘z gunohlari uchun o‘ladi, biroq uning o‘limi uchun Men seni javobgar qilaman. Bordi–yu, sen o‘sha fosiqni ogohlantirsang–u, u esa yomon yo‘lidan qaytmasa, u o‘z gunohlari uchun o‘ladi, sen esa joningni saqlab qolgan bo‘lasan.” “Ey inson, Isroil xalqiga ayt: Sizlar shunday deb aytasizlar: “Qilgan gunohlarimiz bizni bosib qoldi. Biz ado bo‘lyapmiz. Bunday ahvolda yashab bo‘ladimi o‘zi?!” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, fosiqning halokatidan sevinmayman. Aksincha, fosiqlar yomon yo‘lidan qaytib, yashashini xohlayman. Ey Isroil, orqaga qayt! Yomon yo‘ldan qayt! Nima uchun halok bo‘lishing kerak?! Ey inson, xalqing oldiga borib ayt: agar solih odam yomon yo‘lga kirsa, qilgan savob ishlari uni qutqara olmaydi. Agar fosiq odam to‘g‘ri yo‘lga kirsa, qilgan gunohlari uni halokatga yetaklamaydi. Gunohga qo‘l urgan solih odam esa jonini saqlab qolmaydi. Bordi–yu, Men solih odamga hayot va’da qilsamu u odam esa solihligiga ishonib, gunohga qo‘l ursa, uning qilgan savob ishlari hisobga olinmaydi. Qilgan gunohi tufayli u o‘ladi. Bordi–yu, fosiq odamga “Sen o‘lasan”, deb aytsam–u, u odam esa yomon yo‘lidan qaytib to‘g‘ri, adolatli ishlar qilsa, garovga olgan narsani egasiga bersa, o‘g‘irlagan narsasini qaytarsa, yomonlikdan voz kechib, hayotbaxsh qonun–qoidalarga rioya qilsa, bunday odam albatta yashaydi, u o‘lmaydi. Men uning qilgan birorta gunohini esga olmayman. O‘sha odam to‘g‘ri va adolatli ishlar qilgani uchun albatta yashaydi. Sening xalqing “ Rabbiyning tutgan yo‘li nohaq–ku!” deb shikoyat qiladi. Aslida esa o‘zlarining yo‘llari nohaqdir. Haq yo‘ldan ozgan va gunohga qo‘l urgan solih kishi qilgan gunohi uchun halok bo‘ladi. Yomon yo‘ldan qaytib to‘g‘ri, adolatli ishlar qilgan fosiq kishi esa qilgan to‘g‘ri ishlari uchun jonini saqlab qoladi. Sizlar esa: “Rabbiyning tutgan yo‘li nohaq–ku”, deb aytasizlar. Ey Isroil xalqi, bilib qo‘y, Men hammangizni qilgan ishingizga yarasha hukm qilaman.” Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n ikkinchi yili o‘ninchi oyning beshinchi kunida Quddusdan qochib kelgan bir odam oldimga kelib: “Quddus quladi”, deb aytdi. Bundan bir kun avval, kechasi, Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. Ertalab qochoq kelmasidan oldin, Egamiz menga gapirish iqtidorini qaytarib bergan edi. Men yana tilga kirgan edim. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroilning xarob shaharlarida yashab yurgan odamlar shunday deb yurishibdi: “Ibrohim yolg‘iz o‘zi bo‘la turib, butun yurtga egalik qilar edi. Biz esa ko‘pchilikmiz. Bizning ham bu yurtga egalik qilishga haqimiz bor.” O‘sha odamlarga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda, sizlar qoni chiqarilmagan go‘shtni tanovul qilasizlar, butlarga sig‘inib, qotillikka qo‘l urasizlar. Shunday ekan, bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?! Sizlar faqat o‘z qilichingizga ishonyapsizlar! Jirkanch ishlar qilyapsizlar. Har biringiz qo‘shningizning xotinini bulg‘ayapsizlar! Bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?!” Ularga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, o‘sha xarob shaharlarda yashab yurgan odamlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladilar. Bepoyon dalalarda bo‘lganlarni yovvoyi hayvonlar g‘ajib tashlaydi. Qal’alarda va g‘orlarda bo‘lganlar esa o‘latdan nobud bo‘ladilar. Men butun yurtni tashlandiq xarobazorga aylantiraman. Bu xalqning mag‘rur qudratiga chek qo‘yaman. Isroil tog‘larida birorta tirik jon qolmaydi, u yerga odam oyoq bosmaydi. Men odamlarni qilgan jirkanch ishlari uchun jazolab, yurtni tashlandiq xarobazorga aylantirganimda, Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.” “Ey inson, yurtdoshlaring shahar devorlari oldida hamda uy ostonalarida turib, seni g‘iybat qilishyapti. Ular bir–birlariga: “Qani yuringlar, Egamizdan kelgan xabarni bir eshitib ko‘raylik–chi!” deyishadi. Ular oldingga to‘dalashib kelishadi. Gaplaringni eshitib o‘tirishadi, lekin birontasi ham aytganlaringni qilmaydi. Ularning tilidan bol tomadi, ammo dilida o‘z foydasini ko‘zlaydilar. Ular uchun sen mohir bir sozanda, muhabbat haqida kuylagan xushovoz bir ashulachidaysan, xolos. Ular aytganlaringni eshitishadi–yu, ammo gapingga kirishmaydi. Men senga aytgan barcha kulfatlar ularning boshiga tushadi. Shunda ular seni payg‘ambar deb tan olishadi. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil cho‘ponlariga qarshi bashorat qil. Ularga bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey Isroil cho‘ponlari, sizning holingizga voy! Sizlar qo‘ylarni boqish o‘rniga o‘zingizni boqib yuribsizlar! Eng semiz qo‘ylarni so‘yib, dumba yeysizlar. Jundan to‘qilgan kiyimlar kiyasizlar. Qo‘ylarni esa boqmaysizlar. Nimjon qo‘ylarga qaramaysizlar, kasallarni shifolamaysizlar, yaralarini bog‘lamaysizlar, adashganlarni olib kelmaysizlar, yo‘qolganlarni izlamaysizlar. Aksincha, ularni qattiqqo‘llik bilan boshqarib, zulm o‘tkazasizlar. Suruvning cho‘poni bo‘lmagani uchun qo‘ylarim har yoqqa tarqalib ketdi. Ular hamma yovvoyi hayvonlar uchun o‘lja bo‘ldi. Ha, qo‘ylarim tarqalib ketdi. Ular tog‘u tepaliklarda sandiroqlab yurdi. Butun yer yuziga yoyilib ketdi, ularni hech kim izlamadi.” Ey cho‘ponlar, Egamizning so‘zini eshitib qo‘yinglar. Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi sizlarga aytaman: cho‘ponsiz qolgan qo‘ylarim o‘lja bo‘ldi. Mening qo‘ylarim hamma yovvoyi hayvonlarga yegulik bo‘ldi. Cho‘ponlarim qo‘ylarimni qidirmadilar. Qo‘ylarimni boqmay, o‘zlarini boqdilar. Shuning uchun, ey cho‘ponlar, Egangizning so‘zini ikki qulog‘ingiz bilan eshitib qo‘yinglar!” Egangiz Rabbiy shunday demoqda: “Men cho‘ponlarimga qarshiman. Nobud bo‘lgan qo‘ylarimni ulardan undirib olaman. Ular suruvimni boshqa boqmaydilar. Bundan buyon faqat o‘z qorinlarini to‘yg‘izib yurmaydilar. Men qo‘ylarimni ularning og‘zidan tortib olaman, ular qo‘ylarimni yemaydilar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman. Adashgan suruvni qidirgan cho‘ponday qo‘ylarimni izlayman. Bulutli, qorong‘i kunda har yoqqa tarqalib ketgan qo‘ylarimni hamma joydan xalos qilaman. Ularni begona o‘lkayu yurtlardan olib chiqib, ona zaminiga olib kelaman. Isroil tog‘larida, soyliklarda va yurtning obod o‘lkalarida ularni boqaman. Yaxshi yaylovlarda o‘tlataman, Isroil tog‘lari ularning yaylovi bo‘ladi. Ular o‘sha yerdagi maysazorlarda yotib, Isroil tog‘larining ko‘m–ko‘k yaylovlarida o‘tlab yuradi. Men O‘zim qo‘ylarimga cho‘pon bo‘laman. Ularga orom bag‘ishlayman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Men yo‘qolgan qo‘ylarimni izlab topaman, adashganlarini qaytarib olib kelaman. Ularning yaralarini bog‘lab qo‘yaman, nimjon qo‘ylarni parvarish qilaman. Semiz, kuchli qo‘ylarni esa yo‘q qilaman. Men suruvimni adolat ila boqaman.” “Ey suruvimdagi qo‘ylar, sizlar haqingizda Egangiz Rabbiy shunday demoqda: Men suruvimdagi qo‘ylar orasida ajrim qilaman, qo‘chqor va taka orasida hukm chiqaraman. Nega sizlar yaxshi o‘tdan yeb, ortganini payhon qilyapsizlar?! Tiniq suvdan ichib, qoniqqaningizdan keyin suvni loyqalatyapsizlar?! Nima uchun qo‘ylarim sizlar payhon qilgan o‘tdan yeyishlari kerak? Sizlar loyqalatgan suvdan ichishlari kerak?” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men O‘zim semiz va oriq qo‘ylarni ajrim qilaman. Sizlar oriq qo‘ylarimni biqiningiz va yelkangiz bilan itarib, shoxlaringiz bilan suzdingiz. Ularni uzoqlarga tarqatib yubordingiz. Lekin Men suruvimni qutqarib olaman, ular endi o‘lja bo‘lmaydilar. Men bir qo‘y bilan boshqa qo‘y orasida ajrim qilaman. Men qulim Dovudni cho‘pon qilib tayinlayman. U suruvimni boqadi, ularga cho‘ponlik qiladi. Men, Egangiz ularning Xudosi, qulim Dovud esa ularning hukmdori bo‘ladi. Bularni Men, Egangiz aytdim. Men ular bilan tinchlik ahdini tuzib, yurtdagi barcha yovvoyi hayvonlarni quvib chiqaraman. Shunda qo‘ylarim dashtu biyobonlarda osoyishta hayot kechirishadi, o‘rmonlarda tinch uxlashadi. Men ularga baraka beraman. Muqaddas tog‘im atrofida yashashlariga yo‘l qo‘yaman. Yomg‘irni ularga o‘z mavsumida baraka qilib yog‘diraman. Bog‘–rog‘lardagi daraxtlar meva beradi, yer mo‘l hosil yetishtiradi. Xalqim o‘z zaminida har qanday xavf–xatardan xoli bo‘ladi. Men xalqimni qul qilib olgan zolimlarning qo‘lidan xalos qilaman, bo‘yinturug‘ini sindiraman. O‘shanda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Bundan buyon o‘zga xalqlar xalqimni talamaydi, yurtdagi yovvoyi hayvonlar ularni g‘ajimaydi. Mening xalqim osoyishta hayot kechiradi, hech kim ularga tahdid solmaydi. Xalqim ocharchilikdan nobud bo‘lmasligi uchun, Men ularga serunum yerlarni beraman. O‘zga xalqlar ularni haqorat qilmaydigan bo‘ladilar. Shunda Men, Egasi Xudo, xalqim bilan birga ekanligimni ular bilib oladilar. Isroil xalqi Mening xalqim ekanligini ular anglaydilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Sizlar Mening suruvim, yaylovimdagi qo‘ylarimsizlar, Men esa sizning Xudoyingizman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Seir tog‘lariga yuzlan, ularga qarshi bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Ey Seir tog‘lari, Men sizlarga qarshiman. Men sizlarga qarshi qo‘limni ko‘tarib, sizlarni tashlandiq xarobazor qilaman. Shaharlaringizni vayron qilib, yurtingizni tashlandiq qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Xalqimga bo‘lgan qadimgi adovatingiz tufayli sizlar Isroil xalqining taqdirini qilich bilan hal qilgan edingizlar. Ular shusiz ham oxirgi jazosini tortib, boshlaridan og‘ir damlarni kechirayotgan edilar–ku! Shu qilganlaringiz uchun, Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni qonga belayman, qon ketingizdan quvadi. Sizlar qotillikdan hazar qilmaganingiz uchun, qotillik sizlarni doim ta’qib qiladi. Ey Seir tog‘lari, Men sizlarni xarob va tashlandiq qilaman. Hududingizdan hech kim yurmaydigan bo‘ladi. Men sizlarni jasadlarga to‘ldiraman. Qilichdan halok bo‘lgan odamlarning jasadlari qirlaringizda, vodiylaringizda, soyliklaringizda yotadi. Sizlarni to abad tashlandiq qilaman. Shaharlaringizda hech qachon odam yashamaydi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” “Men, Egangiz, Yahudo va Isroil yurtida bo‘lganimga qaramay sizlar shunday deb aytgan edingiz: bu ikki xalq bizniki bo‘ladi, ularning yurtini biz qo‘lga kiritamiz. Shunday ekan, Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni qilgan qilmishlaringizga yarasha jazolayman. Sizlar xalqimdan nafratlanib, ularga qarshi xusumat saqlaganlaringiz hamda ustilariga g‘azabingizni sochganlaringiz uchun adabingizni beraman. Men sizlarni jazolaganimda O‘zimni ularga tanitaman. Sizlar Isroil tog‘lariga qarata aytgan haqoratli so‘zlaringizni Men eshitganimni bilib olasizlar. Sizlar shunday degan edingiz: “Isroil xarob bo‘ldi, endi bu xalq bizga yem bo‘ladi.” Ha, sizlar Mening oldimda o‘zingizni katta tutdingizlar. Og‘zingizni ko‘pirtirib, Menga qarshi gapirdingizlar. Men hammasini eshitdim.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men sizlarni xarob qilganimda butun jahon sevinadi. Axir, sizlar Isroil xonadoni xarob bo‘lganidan sevingan edingizlar. Shuning uchun Men bu ko‘rgilikni boshlaringizga solaman. Ey Seir tog‘lari, ey butun Edom yurti, sizlar xarob bo‘lasiz. Shunda Egangiz Men ekanligimni butun jahon bilib oladi.” Ey inson, Isroil tog‘lari haqida shunday bashorat qil: “Ey Isroil tog‘lari, Egamizning so‘zini eshiting. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: g‘animlaringiz sizni mazax qilib: “Aha! Bu ko‘hna tepaliklar endi bizniki bo‘ldi”, deb aytgan edilar. Shuning uchun bashorat qilib, ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Qo‘shni xalqlar sizlarga har yoqdan hamla qilib, sizlarni vayron qilganlari uchun, sizlar ularning mulki bo‘ldingiz, odamlardan haqoratlar eshitib, xo‘rliklar ko‘rdingiz. Ey Isroil tog‘lari, endi Egamiz Rabbiyning so‘zini eshiting! Egamiz Rabbiy tog‘laru qirlarga, soyliklaru vodiylarga, xarobazorlaru huvullagan shaharlarga gapirmoqda. Axir, bu shaharlar atrofdagi hamma xalqlarga o‘lja va kulgi bo‘ldi.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men Isroil atrofida yashagan xalqlardan, xususan Edom xalqidan qattiq g‘azabdaman. Chunki ular nafrat tuyg‘usiga berilib, yaylovlarni talon–taroj qilish uchun yurtimni qo‘lga kiritdilar. Shunda o‘zida yo‘q xursand bo‘ldilar. Shu sababdan Isroil yurti haqida bashorat qilib, tog‘laru qirlarga, soyliklaru vodiylarga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Qo‘shni xalqlar sizlarni qanchalik xo‘rlaganini ko‘rib, g‘azabim keldi, rashkim qo‘zidi. Shu sababdan Egamiz Rabbiy aytmoqda: Ont ichib aytamanki, Men atrofingizdagi barcha xalqlarni xo‘rlamay qo‘ymayman.” “Sizlar esa, ey Isroil tog‘lari, butoq otasizlar. Xalqim Isroil uchun mo‘l hosil yetishtirasizlar. Ha, ko‘p o‘tmay ular o‘z yurtiga qaytib keladilar. Men sizlarga yuzimni buraman, O‘zim sizlarga g‘amxo‘rlik qilaman. Yerlaringiz shudgor qilinadi, ekinlar ekiladi. Men Isroil aholisini ko‘paytiraman. Butun Isroil xonadonini son–sanoqsiz qilaman. Huvullagan shaharlarga odamlar ko‘chib keladi, xarobazorlar qayta quriladi. Nafaqat odamlarning, balki mol–qo‘ylarning ham soni behad ko‘payadi. Ular ko‘payib, barakali bo‘ladi. Yurtingiz ilgarigiday odamlarga to‘lib–toshadi. Men sizlarni oldingidan ham a’loroq hayotga erishtiraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Men xalqim Isroilni oldingizga yetaklab kelaman. Ular yerlaringizga egalik qiladilar, sizlar xalqimning mulki bo‘lasizlar. Xalqimning farzandlarini boshqa nobud qilmaysizlar.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey Isroil tog‘lari, odamlar sizlar haqingizda shunday aytishadi: Isroil yurti o‘z odamlarini nobud qiladi, o‘z xalqini farzandlaridan judo qiladi.” Ammo endi sizlar odamlarni nobud qilmaysizlar, xalqingizni farzandlaridan judo qilamaysizlar, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Begona xalqlar sizlarni haqorat qilishlariga va ustingizdan kulishlariga Men yo‘l qo‘ymayman. Bundan buyon xalqimning qoqilishiga sizlar sabab bo‘lmaysiz, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Isroil xalqi ona yurtida yashab yurgan paytida yerni yaramas qilmishlari bilan bulg‘agan edi. Ularning bunday qilmishlari Mening nazarimda hayz ko‘rgan ayolday nopok edi. Ular yurtda qon to‘kkanlari uchun, butlar bilan zaminni bulg‘aganlari uchun, Men ularning ustiga g‘azabimni sochgan edim. Ularni xalqlar orasiga tarqatib tashlagan edim, boshqa yurtlarga quvib yuborgan edim. Men ularni tutgan yo‘llari va qilgan qilmishlariga yarasha jazolagan edim. Biroq ular borgan joylarida Meni badnom qilishdi. Ularni ko‘rgan odamlar: “Bu Xudoning xalqi–ku! Ular Egasining yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘libdi–da!” deb aytishar edi. Ha, Isroil xalqi borgan joyida Meni badnom qildi. Bulg‘angan muqaddas nomim uchun Men qayg‘urdim.” Shunday ekan, Isroil xalqiga ayt: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni yurtingizga qaytarib olib kelaman. Lekin buni sizlar uchun emas, balki sizlar xalqlar orasida bulg‘agan O‘z nomim uchun qilaman. Sizlar bulg‘agan Mening buyuk nomim qanchalik muqaddas ekanligini Men barcha xalqlarga ko‘rsataman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Men sizlar orqali O‘z muqaddasligimni ularga ayon qilaman. Sizlarni barcha xalqlar orasidan, hamma yurtlardan yig‘ib olaman. O‘z yurtingizga olib borib o‘rnashtiraman. Ustingizga toza suvdan sepib, sizlarni poklayman. Barcha nopokliklaru butlaringizdan tozalayman. Sizlarga yangi yurak berib, qalbingizni yangi ruhga to‘ldiraman. Bag‘ringizdagi tosh yurakning o‘rniga yumshoq, muloyim bir yurak beraman. Ichingizga O‘z Ruhimni solaman. Sizlar farmonlarimga rioya qiladigan, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaradigan bo‘lasizlar. Shunda Men ota–bobolaringizga bergan bu yurtda yashaysizlar. Sizlar Mening xalqim, Men esa sizning Xudoyingiz bo‘laman. Men sizlarni barcha nopokliklardan xalos qilaman. G‘alla hosilini mo‘l yetishtirib, ocharchilikka chek qo‘yaman. Ovqat tanqisligidan xalqlar orasida xor bo‘lmasligingiz uchun, bog‘laru dalalaringizga mo‘l hosil beraman. Shunda sizlar yovuz yo‘llaringizni, qabih qilmishlaringizni eslaysizlar, qilgan gunohlaringiz va jirkanch odatlaringiz uchun o‘zingizdan nafratlanib ketasizlar. Ey Isroil xalqi, bilib qo‘y, Men senga qilmoqchi bo‘lgan bu yaxshiliklarga sen loyiq emassan, biroq shu orqali Men seni uyaltiraman. Sen qilgan qilmishlaringdan pushaymon bo‘lasan”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men sizlarni gunohlardan tozalaganimda, odamlarni olib kelib shaharlaringizga o‘rnashtiraman. Vayrona bo‘lib yotgan xarobalaringiz tiklanadi. Qachonlardir sayyohlar kezib yurgan tashlandiq, qarovsiz yerlarga qayta ishlov beriladi. Ular bu yerlarni ko‘rganda shunday deb aytishadi: “Vo, ajabo! Tashlandiq bo‘lib yotgan bu yerlar Adan bog‘iday yashnab ketibdi–ku! Huvullab yotgan xarob shaharlar mustahkam devorlar bilan o‘ralib, obod bo‘libdi–ku!” Shunda atrofdagi omon qolgan xalqlar xarob shaharlarni Men, Egangiz qayta qurganimni, yalang maydonlarga Men ekin ekkanimni bilib olishadi. Men, Egangiz, aytgan bu so‘zlarimni albatta amalga oshiraman.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men xalqim Isroilning iltijolariga quloq tutib, ularni qo‘ylarday son–sanoqsiz qilaman. Bayram arafasida Quddus ko‘chalari qurbonlik qilinadigan qo‘ylar bilan to‘lib–toshganiday, hozir vayron bo‘lib yotgan shaharlar ham odamlar bilan to‘lib–toshadi. O‘shanda Egasi Men ekanligimni xalqim bilib oladi.” Egamizning qudrati meni qamrab oldi. Egamizning Ruhi meni ko‘tarib, vodiyning o‘rtasiga qo‘ydi. Vodiy suyaklarga to‘la edi. Ruh meni vodiydagi bir dunyo suyaklar orasida aylantirib yurdi. Suyaklar qurib ketgan edi. Ruh menga: — Ey inson, bu suyaklar tirilishi mumkinmi? — deya savol berdi. — Yo Egam Rabbiy, bunisi yolg‘iz O‘zingga ayon, — deya javob berdim men. So‘ng U menga shunday dedi: — Suyaklarga bashorat qilib ayt: “Ey qurigan suyaklar, Egamizning so‘zini eshiting! Egam Rabbiy suyaklarga shunday demoqda: Men ichingizga ruh solaman, sizlar tirilasizlar. Ustingizni payu mushaklar bilan qoplab, teri tortaman, ichingizga ruh solib, sizlarni tiriltiraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.” Egamiz menga amr qilganiday, men Uning bu so‘zlarini bashorat qilib aytdim. Bashorat qilayotganimda birdaniga qulog‘imga taraq–turuq ovozlar chalindi, suyaklar birlasha boshladi. Qarasam, suyaklar payu mushaklar bilan qoplandi, so‘ng ustilariga teri tortildi. Biroq tanalarda hanuz ruh yo‘q edi. Egamiz menga shunday dedi: — Endi shamolga shunday buyruq ber: “Ey shamol, Egamiz Rabbiy aytmoqda, har tomondan esib, bu o‘ldirilganlarni tiriltir.” Men Egamizning aytganini qildim. Shamol tanalarning ichiga kirib, odamlarni tiriltirdi. Ular turganlarida buyuk bir olomonni tashkil qilishdi. Keyin Egamiz menga shunday dedi: — Ey inson, butun Isroil xalqi mana shu suyaklarga o‘xshaydi. Ular: “Suyaklarimiz qurib ketdi, kelajakka hech qanday umid yo‘q”, — deb nola qilishadi. Shuning uchun xalqimga bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey xalqim Isroil, Men qabrlaringizni ochib, sizlarni go‘rdan chiqaraman. So‘ng sizlarni o‘z yurtingiz — Isroilga qaytarib olib boraman. O‘shanda sizlar Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Men sizlarning ichingizga Ruhimni solaman, sizlarni tiriltiraman. Ona yurtingizga olib borib, u yerda o‘rnashtiraman. O‘shanda Men, Egangiz aytgan gaplarimni amalga oshirganimni sizlar bilib olasizlar” Egamizning kalomi shudir. Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, bir tayoq olib, uning ustiga “ Yahudo shohligi”, deb yoz. So‘ng boshqa bir tayoq olib, uning ustiga “Isroil shohligi”, deb yoz. Keyin ikki tayoqning uchlarini bir qo‘lingda shunday qilib ushlaginki, ular bir tayoqday bo‘lib ko‘rinsin. Odamlar sendan: “Bu bilan bizga nima demoqchisan?” deb so‘raganlarida, ularga shunday deb javob ber: Egamiz Rabbiy demoqda: “Men Isroil shohligini bildiruvchi tayoqni olaman. Uni Yahudo shohligining tayog‘i bilan birlashtiraman. Ikkala tayoqni bitta qilib, qo‘limda ushlayman.” Qo‘lingdagi tayoqlarni hamma ko‘radigan bo‘lsin, so‘ng xalqqa ayt: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men har yoqqa tarqalib ketgan xalqimni o‘zga xalqlar orasidan yig‘ib olaman. Ularni o‘z yurtlariga olib kelaman. Ularni o‘sha yurtda yagona bir xalq qilaman. Ha, Isroil tog‘larida ulardan yagona davlat yarataman. Ustilaridan bir shoh tayinlayman, ular hech qachon ikki shohlikka ajralmaydilar. Butlar va makruh xudolar tufayli o‘zlarini bulg‘amaydilar, gunohdan o‘zlarini pok saqlaydilar. Ular gunoh qilib, yashagan hamma manzilgohlardan Men ularni xalos qilaman. Dillarini poklab tozalayman. Shunda ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman. Qulim Dovud ularning shohi bo‘ladi. Ha, hammasini bir cho‘pon boshqaradi. Ular qonun–qoidalarimga rioya qilib, farmonlarimni bitta qoldirmay bajarishadi. Men qulim Yoqubga bergan yerda ular yashaydilar, ajdodlari o‘tgan yurtda istiqomat qiladilar. Bola–chaqalari va butun avlodi o‘sha yurtda abadiy o‘rnashadi. Qulim Dovudning sulolasi ularga to abad hukmronlik qiladi. Men ular bilan tinchlik ahdini tuzaman. Bu mangu bir ahd bo‘ladi. Men ularga baraka beraman, ko‘paytiraman. Ma’badimni ularning orasida abadiy o‘rnashtiraman. Ular orasida maskan quraman, Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim bo‘ladilar. Men maskanimni ular orasida abadiy o‘rnashtirganimda, Isroilni muqaddas qiladigan Egangiz Men ekanligimni xalqlar bilib oladilar.” Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: “Ey inson, Mago‘g yurtidagi Meshex va Tuval xalqlarining bosh hukmdori Go‘gga yuzlan. Unga qarshi bashorat qilib, ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Meshex va Tuval xalqlarining bosh hukmdori Go‘g, Men senga qarshiman! Men seni orqaga qaytaraman, jag‘laringga ilmoqlar solaman. Seni va butun lashkaringni, otlaru otliqlaringni, tish–tirnog‘igacha qurollangan askarlaringni, ulkan bir olomonni, katta va kichik qalqon ushlab, qilich o‘ynatgan jangchilaringni sudrab chiqaraman. Sening safingga Forslar, Habashlar va Fut xalqining qurollangan jangchilari qo‘shiladi. Go‘merning va shimoldagi Bayt–To‘xarmoning barcha lashkarlari senga ergashadi. Sening lashkarlaring nihoyatda ko‘pdir. Qani tayyorlan! Atrofingdagi lashkarlarni jangga shay qil! Sen ularni boshlab borasan. Yillar o‘tib, jangga otlanasan. Urushdan keyin o‘zini tiklab olgan bir yurtga sen bostirib borasan. Uzoq vaqt davomida tashlandiq bo‘lib yotgan bu yurtga, turli xil xalqlardan Isroil tog‘lariga kelib o‘rnashgan odamlarga hujum qilasan. Ularning hammasi osoyishta turmush kechirayotgan bo‘ladi. Ammo sen dovuldek ularga yopirilasan. Sen, lashkarlaring va senga ergashib kelgan ko‘plab xalqlar yurtni bulut kabi qoplab olasizlar.” “Egang Rabbiy shunday demoqda: O‘sha kuni sen yomon xayollarga berilasan, yovuz rejalar tuza boshlaysan. Sen shunday aytasan: — Men devor bilan o‘ralmagan qishloqlarga bostirib boraman. Xotirjam yashayotgan odamlarga hujum qilaman. Ularning na devorlari bor, na darvozasi, na tambasi bor. Sen xarob shaharlarni tiklagan odamlarni talon–taroj qilasan. Bu odamlar turli xalqlardan yig‘ilgan, chorva ko‘paytirib, dunyo orttirgan, jahon chorrahasida joylashib olishgan. Shunda Shava va Dedan xalqlari hamda Tarshish savdogarlariyu zodagonlari sendan so‘raydilar: “Sen hali o‘lja olgani keldingmi? Talon–taroj qilgani, oltinu kumush olib ketgani, chorvayu boylikni tortib olgani, qo‘lga behad o‘lja kiritgani bir to‘da qo‘shin tortib keldingmi?” “Ey inson, Go‘gga bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen xalqim Isroilning xotirjam yashaganini ko‘rib, shimoldagi olis yurtingdan ko‘p xalqlarni ergashtirib kelasan. Ha, bu cheksiz otliq lashkarni, bir to‘da buyuk qo‘shinni tortib kelasan. Yer yuzini qoplagan bulut kabi xalqim Isroilni bosib olasan. Ey Go‘g, kelajakda Men seni yurtimga hujum qilgani yuboraman. Sen orqali xalqlarga muqaddasligimni ayon qilib, O‘zimni tanitaman.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “O‘z qullarim — payg‘ambarlar orqali Men xalqimni ogohlantirib kelganman. Kelajakda ularga qarshi bir dushman yuborishimni oldindan aytganman. O‘sha dushman sensan, ey Go‘g.” Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Go‘g Isroil yurtiga hujum qilgan kuni, Men g‘azabga minib olaman! Rashku g‘azabda e’lon qilamanki, o‘sha kuni Isroil yurtida dahshatli zilzila bo‘ladi. Yer yuzidagi barcha jonzot — dengizdagi baliqlaru ko‘kdagi qushlar, yovvoyi hayvonlaru sudraluvchilar, hamma odamlar Mening huzurimda titraydilar. Tog‘lar ag‘darilib tushadi, qoyalar parchalanib ketadi, hamma devorlar o‘pirilib tushadi.” “Ey Go‘g, Men hamma Isroil tog‘larida senga qarshi qilich hozirlayman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Lashkarlaring bir–biriga hamla qiladi. Men o‘latu qotilliklar orqali seni jazolayman. Sening, lashkaringning, senga ergashib kelgan ko‘p xalqlarning ustiga olovli oltingugurt, jala va do‘l yog‘diraman. Dunyodagi ko‘plab xalqlarga O‘zimning ulug‘vorligim va muqaddasligimni namoyon qilaman, ularga O‘zimni tanitaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni ular bilib oladilar.” “Ey inson, Go‘gga qarshi bashorat qilib ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey, Meshex va Tuval bosh hukmdori Go‘g, Men senga qarshiman! Men seni orqaga qaytarib, sudrab kelaman. Seni uzoq shimoldan olib chiqib, Isroil tog‘lariga olib kelaman. Chap qo‘lingdagi yoying va o‘ng qo‘lingdagi o‘qlaringni urib tushiraman. Sen Isroil tog‘larida jon berasan! Sening hamma lashkarlaring va senga ergashib kelgan xalqlar u yerda halok bo‘lishadi. Ularning jasadlari turli yirtqich qushlarga va yovvoyi hayvonlarga o‘lja bo‘ladi. Sen ochiq maydonda o‘lasan. Men shunday dedim”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Men Mago‘g ustiga va dengiz qirg‘og‘ida osoyishta hayot kechirayotgan barcha xalqlar ustiga olov yog‘diraman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar. Men O‘zimning muqaddas nomimni xalqim Isroilga tanitaman. Meni badnom qilishlariga endi yo‘l qo‘ymayman. Shunda Men Egangiz — Isroil yurtidagi muqaddas Xudo ekanligimni xalqlar bilib oladilar. Men aytgan o‘sha kun albatta keladi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Shunda Isroil xalqi shaharlardan chiqib, mag‘lub bo‘lgan yovning qurol–aslahalarini yig‘adi. Ular yig‘ib olgan kattayu kichik qalqonlarni, yoy va o‘qlarni, tayoq va nayzalarni yoqishadi. Yetti yil davomida ularni o‘tin o‘rniga ishlatishadi. O‘tin yig‘ish, o‘rmonda daraxt chopishga ehtiyoj qolmaydi, chunki bu qurol–aslahalar xalqim uchun yoqilg‘i bo‘ladi. Shu tariqa Isroil xalqi o‘z talonchilaridan o‘ch oladi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Bu hodisalar ro‘y bergan kuni Go‘g va uning to‘dasi uchun Men bir qabriston hozirlayman. Bu qabriston O‘lik dengizning sharqiy tomonidagi Sayohatchilar vodiysida joylashgan bo‘ladi. U sayohatchilarning yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Shuning uchun sayohatchilar o‘sha vodiyning nomini o‘zgartirib, uni “Go‘g to‘dasining vodiysi”, deb ataydigan bo‘lishadi. Isroil xalqi yetti oy mobaynida jasadlarni ko‘mib, o‘z yurtini poklaydi. Butun yurt aholisi jasadlarni ko‘madi. Shu qilganlari uchun Men ulug‘vorligimni namoyon qilgan kunda ular yuksak obro‘ga erishadi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Yetti oy o‘tgach, yurtni poklaydigan maxsus odamlar tayinlanadi. Ular yurtni kezib, ko‘milmay qolib ketgan jasadlarni ko‘madilar. Ular yurtni kezib yurganlarida topgan har bir suyak oldiga belgi qo‘yadilar. Go‘rkovlar bu suyaklarni yig‘ib olib, “Go‘g to‘dasining vodiysi”ga ko‘madilar. Qabriston yonidagi shaharning nomi ham To‘da bo‘ladi. Shunday qilib, ular yurtni poklaydilar. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey inson, turli xil qushlarni va hamma yovvoyi hayvonlarni yig‘ib, ularga shunday deb ayt: Qani, kelinglar! Men sizlar uchun qurbonlik hozirlayman, Isroil tog‘larida katta ziyofat uyushtiraman. Sizlar to‘yguningizcha go‘shtdan yeb, qondan ichasizlar. Bashan o‘lkasida semirtirilgan qo‘chqor, qo‘zichoq, echki va buqalar bo‘g‘izlanganday, bahodir jangchilaru jahon hukmdorlari qurbon qilinadi. Sizlar ularning tanalarini yeb, qonini ichasizlar. Men sizlar uchun uyushtiradigan bu ziyofatda sizlar to‘yguningizcha yog‘dan yeysizlar, mast bo‘lguningizcha qondan ichasizlar. Sizlar Mening dasturxonimdan xohlaganingizcha ot va otliqlarning go‘shtidan, sipoh va turli xil jangchilarning go‘shtidan tanovul qilasizlar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Men O‘z ulug‘vorligimni xalqlar orasida namoyon qilaman. Xalqlarni jazolab, ularga O‘z qudratimni ko‘rsataman. O‘sha kundan boshlab, Isroil xalqi Egasi Xudo Men ekanligimni biladi. Isroil xalqi gunoh qilib, Menga xiyonat qilgani uchun Men ularni begona yurtlarga surgun qilganimni boshqa xalqlar tushunib olishadi. Xalqimning bu qilmishi uchun Men ulardan yuz o‘girib, dushmanlarning qo‘liga topshirgan edim, qirilib ketishlariga to‘sqinlik qilmadim. Men ulardan yuz o‘girdim, buzuqligi va qilgan gunohlariga yarasha jazosini berdim.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Mana endi Men Yoqub naslini yana farovonlikka erishtiraman. Butun Isroil xonadoniga shafqat ko‘rsataman. Obro‘im to‘kilishiga yo‘l qo‘ymayman! Ular o‘z yurtiga qaytib kelganlaridan keyin o‘tmishdagi sharmandagarchiligi va Menga qilgan hiyonati uchun javobgar bo‘ladilar. Shunda hech kim ularga tahdid qilmaydi. Men ularni g‘animlarning yurtlaridan olib chiqqanimda, xalqlar muqaddasligimni ko‘rishadi. Egasi Xudo Men ekanligimni xalqim bilib oladi. Garchi Men ularni o‘zga yurtlarga tarqatib yuborgan bo‘lsam–da, ularni ona yurtiga qaytarib olib kelaman. Xalqimdan birontasi ham begona yurtda qolib ketmaydi. Men xalqim Isroil ustiga O‘z Ruhimdan yog‘diraman, endi ulardan yuz o‘girmayman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Surgun bo‘lgan paytimizning yigirma beshinchi yili birinchi oyning o‘ninchi kunida Quddus qulaganiga o‘n to‘rt yil bo‘lgan edi. O‘sha kuni Egamizning qudrati meni qamrab olib, ko‘tarib ketdi. Vahiyda Xudo meni Isroil yurtiga olib borib, juda baland bir tog‘ning ustiga turg‘izib qo‘ydi. U yerdan men janub tomonda joylashgan shaharga o‘xshash bir nechta binoni ko‘rdim. Xudo meni o‘sha yerga yaqinroq olib borganda, men darvoza yonida turgan bir odamni ko‘rib qoldim. O‘sha odamning butun vujudi yarqiroq misday tovlanib turar edi. Uning qo‘lida o‘lchov asboblaridan zig‘ir arqon va chizg‘ich bor edi. U menga shunday dedi: “Ey inson, men senga ko‘rsatadigan hamma narsaga yaxshilab e’tibor ber, sen shu sababdan bu yerga keltirilgansan. Yaxshilab quloq sol, chunki sen ko‘rganlaringni Isroil xalqiga aytib berishing kerak. Men Ma’bad hovlisini o‘rab turgan bir devorni ko‘rdim. Darvoza yonida turgan o‘sha odam chizg‘ichi bilan devorni o‘lchadi. Chizg‘ichining uzunligi 6 uzun tirsak bo‘lib, har bir uzun tirsak bir tirsagu to‘rt enli edi. Devorning qalinligi 6 tirsak, balandligi ham 6 tirsak chiqdi. So‘ng u sharqiy darvoza binosining oldiga bordi. Zinalardan tepaga ko‘tarilib, ostonani o‘lchadi. Ostona ikki yon devorining qalinligi 6 tirsak chiqdi. Ostonadan yo‘lak boshlanar edi. Yo‘lakning ikki tomonida soqchilar uchun maxsus qurilgan uchtadan xona bor edi. Xonalarning eni va uzunligi bir xil, 6 tirsakdan edi. Xonalarni ajratib turgan devorlarning qalinligi esa 5 tirsak edi. Yo‘lakning oxirida dahliz ostonasi bor edi. Dahliz ostonasining ikki yon devori 6 tirsak qalinlikda edi. So‘ng o‘sha odam dahlizni o‘lchadi. Dahlizning eni 8 tirsak edi. Dahliz eshigining ikki yon devorlari 2 tirsak qalinlikda edi. Bu dahliz darvoza binosining ichki tarafida, Ma’badning ro‘parasida joylashgan edi. Yo‘lakning ikki yon tarafidagi o‘sha soqchilar xonalari bir xil kattalikda, orasidagi devorlar ham bir xil qalinlikda edi. So‘ng o‘sha odam darvoza binosining ostonasini o‘lchadi. Ostonaning eni 10 tirsak chiqdi. Yo‘lakning eni esa 13 tirsak chiqdi. Har bir xonaning oldida balandligi va eni 1 tirsak bo‘lgan pastak devor bor edi. (Xonalarning uzunligi va eni 6 tirsakdan edi.) So‘ngra o‘sha odam darvoza binosining shiftini ko‘ndalangiga, bir xonaning orqa devoridan tortib, ro‘paradagi xonaning orqa devorigacha o‘lchadi. Shiftning eni 25 tirsak chiqdi. Keyin u dahliz eshigining ikki yon devorini o‘lchadi. Devorning balandligi 60 tirsak chiqdi. Darvoza binosining atrofi hovli edi. Darvoza binosining uzunligi, darvozadan tortib to ichkaridagi dahlizgacha, 50 tirsak edi. Xonalarning uchala devorida panjarali tuynuklari bor edi. Dahlizda ham panjarali tuynuklar bor edi. Dahliz eshigi yon devorlariga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. O‘sha odam meni darvoza orqali Ma’badning tashqi hovlisiga olib kirdi. Hovlining devori bo‘ylab o‘ttizta hujra qurilgan edi. Hujralarning old tomonida tosh yotqizilgan bir yo‘l bor edi. Bu yo‘l past yo‘l hisoblanar edi. Uning eni 50 tirsak edi. So‘ng men ichki hovliga olib kiradigan darvoza binosini ko‘rdim. O‘sha odam ichki darvoza binosi bilan tashqi darvoza binosi orasidagi masofani o‘lchadi. Masofa 100 tirsak chiqdi. So‘ng o‘sha odam tashqi hovlining shimoliy darvoza binosini o‘lchadi. Bu darvoza binosining ikki yon tomonidagi uchtadan bo‘lgan soqchilar xonalari, dahliz va yon devorlarning o‘lchamlari sharqiy darvoza binosiniki bilan bir xil edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi. Devorlardagi panjarali tuynuklar, dahliz va palma tasvirlarining o‘lchamlari sharqiy darvoza binosiniki bilan bir xil edi. Darvozaga yetti pog‘onali zina olib borar edi. Dahliz darvoza binosining ichki tomonida joylashgan edi. Shimoliy darvoza binosining ro‘parasida ham sharqiy darvoza binosidagiday ichki hovliga olib kiradigan darvoza binosi bor edi. O‘sha odam ichki darvoza binosidan tashqi darvoza binosigacha bo‘lgan masofani o‘lchagan edi, masofa 100 uzun tirsak chiqdi. So‘ng o‘sha odam meni janub tomonga olib bordi. Janub tomonda ham darvoza binosi bor edi. O‘sha odam darvoza binosining dahlizini va dahliz devorlarini o‘lchadi, ularning o‘lchamlari boshqalarniki bilan bir xil edi. Bu darvoza binosidagi xonalarning va dahlizning boshqa darvozalarnikiga o‘xshagan panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni esa 25 tirsak edi. Darvozaga yetti pog‘onali zina olib borar edi. Dahliz darvoza binosining ichki tomonida joylashgan edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Janub tomonda Ma’badning ichki hovlisiga olib kiradigan darvoza binosi bor edi. O‘sha odam janubdagi ichki darvoza binosidan tashqi darvoza binosigacha bo‘lgan masofani o‘lchadi, masofa 100 tirsak chiqdi. So‘ng o‘sha odam meni janubiy darvoza orqali Ma’badning ichki hovlisiga olib kirdi–da, darvoza binosini o‘lchadi. Darvoza binosining o‘lchamlari boshqa darvoza binolarniki bilan bir xil edi. Darvoza binosining xonalari, dahlizi va dahliz eshigining ikki yon devori boshqa darvoza binolarnikiga o‘xshagan edi. Xonalarning va dahlizning panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi. Ichki hovliga qaratilgan darvoza binolarining dahlizlari bir xil edi. Ularning uzunligi 25 tirsak, eni 5 tirsak edi. Dahliz orqali Ma’badning tashqi hovlisiga chiqilar edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Darvozaga sakkiz pog‘onali zinapoya olib borar edi. So‘ng o‘sha odam meni sharqiy darvoza orqali Ma’badning ichki hovlisiga olib kirdi–da, darvoza binosini o‘lchadi. Darvoza binosining o‘lchamlari boshqa darvoza binolariniki bilan bir xil edi. Darvoza binosining xonalari, dahlizi va dahliz eshigining yon devorlari boshqa darvozalarnikiga o‘xshagan edi. Xonalarning va dahlizning panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi. Dahliz orqali Ma’badning tashqi hovlisiga chiqilar edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Darvoza binosiga sakkiz pog‘onali zinapoya olib borar edi. So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza oldiga olib borib, darvoza binosini o‘lchadi. Darvoza binosining o‘lchamlari boshqa darvoza binolarniki bilan bir xil edi. Darvoza binosining xonalari, dahlizi va dahliz eshigining yon devorlari boshqa darvoza binolarnikiga o‘xshagan edi. Xonalar va dahlizning panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi. Dahliz orqali Ma’badning tashqi hovlisiga chiqilar edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Darvozaga sakkiz pog‘onali zinapoya olib borar edi. Shimol tomondagi ichki darvozaning dahlizi yonida bir xona bor edi. Bu xonaga dahliz orqali kirilar edi. Qurbonlik uchun bo‘g‘izlangan hayvonlar shu xonada yuvilar edi. Dahlizning o‘zida esa to‘rtta xontaxta bor edi. Xontaxtaning ikkitasi dahlizning bir chekkasida, qolgan ikkitasi dahlizning boshqa chekkasida turar edi. Bu xontaxtalarning ustida kuydiriladigan qurbonlik, gunoh qurbonligi va ayb qurbonliklari uchun hayvonlar bo‘g‘izlanar edi. Tashqi hovlida yana to‘rtta xontaxta bor edi. Xontaxtaning ikkitasi darvoza zinapoyasining bir tomonida, boshqa ikkitasi zinapoyaning boshqa tomonida turar edi. Hammasi bo‘lib sakkizta xontaxta bor edi. To‘rtta xontaxta dahlizning ichida, yana to‘rttasi darvozaning tashqarisida turar edi. Bu xontaxtalarning ustida hayvonlar bo‘g‘izlanar edi. Kuydiriladigan qurbonliklar uchun yana to‘rtta xontaxta bor edi. Bu xontaxtalar yo‘nilgan toshdan yasalgan bo‘lib, ularning uzunligi va eni bir yarim tirsak, bo‘yi bir tirsak edi. Bu xontaxtalar ustiga qurbonliklarni so‘yishda ishlatiladigan asboblar qo‘yilar edi. Dahliz devorlariga uzunligi to‘rt enli bo‘lgan ilgaklar qoqilgan edi. Hayvonlarning go‘shti esa xontaxtalar ustiga qo‘yilar edi. Ichki hovlida qo‘shiqchilar uchun ikkita xona qurilgan edi. Xonalarning bittasi shimoliy darvoza yonida, janub tomonga qaratib qurilgan edi. Ikkinchisi esa janubiy darvoza yonida, shimol tomonga qaratib qurilgan edi. O‘lchayotgan odam menga shunday dedi: “Shimoliy darvoza yonidagi xona Ma’bad uchun mas’ul bo‘lgan ruhoniylarga mo‘ljallangan. Janubiy darvoza yonidagi xona esa qurbongoh yonida xizmat qiladigan ruhoniylar, ya’ni Zodo‘x avlodlari uchun mo‘ljallangandir. Levi qabilasidan faqat Zodo‘x avlodlari Egamizning huzurida xizmat qilishadi.” So‘ng o‘sha odam ichki hovlini o‘lchadi. Hovli to‘rtburchak shaklda, uzunligi va eni 100 tirsakdan edi. Qurbongoh Ma’badning old tarafida edi. Keyin u odam meni Ma’bad ayvoniga olib kirib, ayvon darvozasining yon devorlarini o‘lchadi. Yon devorlarning qalinligi 5 tirsak chiqdi. Darvozaning eni 14 tirsak, darvoza yon devorlarining uzunligi 3 tirsak chiqdi. Ayvonning uzunligi 20 tirsak, eni 12 tirsak edi. Ayvonga o‘n pog‘onali zinapoya olib borar edi. Ayvon darvozasining ikki yon tomonida bittadan ustun bor edi. Keyin o‘sha odam meni Ma’badning asosiy xonasiga olib kirdi. U asosiy xona eshigining ikki yon devorini o‘lchadi. Yon devorlarning qalinligi 6 tirsak chiqdi. Ostonaning eni 10 tirsak, ostona ikki yon devorlarining uzunligi 5 tirsakdan chiqdi. So‘ngra o‘sha odam asosiy xonani o‘lchadi. Xonaning uzunligi 40 tirsak, eni 20 tirsak chiqdi. Keyin u asosiy xonadan Ma’badning ichkari xonasiga kirib, ichkari xona eshigining yon devorlarini o‘lchadi. Yon devorlarning qalinligi 2 tirsak chiqdi. Ostonaning eni 6 tirsak, ostona ikki yon devorlarining uzunligi esa 7 tirsakdan chiqdi. O‘sha odam ichki xonani ham o‘lchadi. Ichki xonaning uzunligi bilan eni bir xil — 20 tirsakdan chiqdi. U menga: “Bu Eng muqaddas xona ”, deb tushuntirdi. So‘ng o‘sha odam Ma’bad devorini o‘lchadi. Devorning eni 6 tirsak chiqdi. Ma’badning tashqi devorga taqab yon xonalar qurilgan edi. Xonalarning uzunligi 7 tirsak edi. Xonalar uch qavat qilib qurilgan bo‘lib, har bir qavatda o‘ttiztadan xona bor edi. Ma’badning devorlari uch pog‘onali zina shaklida bo‘lib, xonalarga tayanch bo‘lib xizmat qilar edi. Shu sababdan Ma’bad devorlarining o‘zi butun edi. Ma’bad devorining quyi qismi yuqori qismiga qaraganda qalinroq bo‘lgani uchun tepadagi xonalar kengroq edi. Zinapoya orqali pastki qavatdan ikkinchi qavatga, so‘ng uchinchi qavatga chiqilar edi. Men Ma’bad atrofida balandligi 6 tirsak bo‘lgan poydevor borligini ham ko‘rdim. Yon xonalar mana shu poydevor ustiga qurilgan edi. Yon xonalarning tashqi devori 5 tirsak qalinlikda edi. Yon xonalar va ichki hovlining devori bo‘ylab qurilgan hujralar orasidagi masofa 20 tirsak edi. Ma’badning aylanasi hovli edi. Yon xonalarga ikkita eshik orqali kirilar edi. Bir eshik shimol tomonda, boshqasi janub tomonda joylashgan edi. Yon xonalar tevaragida bo‘sh qolgan joyning eni 5 tirsak edi. Ma’bad hovlisining g‘arb tomonida katta bir imorat bor edi. Imoratning eni 70 tirsak, uzunligi 90 tirsak, devorlarning qalinligi 5 tirsak edi. O‘sha odam Ma’badning uzunligini o‘lchadi. Ma’badning uzunligi 100 tirsak chiqdi. So‘ng u Ma’badning orqa devoridan g‘arbdagi imoratning orqa devorigacha bo‘lgan masofani o‘lchadi, masofa 100 tirsak chiqdi. Ma’badning old tomonidagi, ya’ni sharq tomondagi hovlining eni ham 100 tirsak chiqdi. So‘ngra u odam hovlining g‘arbida joylashgan imoratning uzunligini o‘lchadi. Imorat va uning ikki yon tomondagi xonalarning uzunligi 100 tirsak chiqdi. Ma’badning ayvoni, Muqaddas xonasi va Eng muqaddas xonasi yerdan derazalargacha yog‘och bilan qoplangan edi. Ma’badning ostonalari, panjarali derazalari va yon xonalari yog‘och bilan pardoz qilingan edi. Eng muqaddas xonaga olib kiradigan eshikning ustki qismi ham yog‘och bilan qoplangan edi. Hamma devorlarga karublarning suratlari o‘yilgan edi. Karublarning orasiga palma daraxtining suratlari ham o‘yilgandi. Har bir karubning ikkitadan yuzi bor edi. Karubning inson yuziga o‘xshagan yuzi bir tomondagi palma daraxtiga, sher yuziga o‘xshagan boshqa bir yuzi boshqa tomondagi palma daraxtiga qaratilgan edi. Bunday suratlar Ma’badning ichki devorining gir aylanasiga, yerdan eshikning tepasigacha o‘yilgan edi. Asosiy xona eshigining kesakisi to‘rt burchak shaklida yasalgan edi. Muqaddas xonaning ro‘parasida yog‘och qurbongohga o‘xshash bir narsa bor edi. Uning bo‘yi 3 tirsak, uzunligi va eni 2 tirsak edi. Burchaklari, asosi va yon tomonlari yog‘ochdan yasalgan edi. O‘sha odam menga shunday dedi: “Bu Egamiz huzurida turadigan xontaxtadir.” Asosiy xonaning va Eng muqaddas xonaning eshiklari bor edi. Eshiklarning har biri ikki tavaqali, yig‘ma edi. Asosiy xona eshiklarining yuzasiga devordagiday karublar va palma daraxtlarining suratlari o‘yilgan edi. Ma’bad ayvonining oldi tomoniga yog‘och bostirma qurilgan edi. Ayvonning panjarali derazalari bor edi. Ayvon devorlariga palma daraxtining suratlari o‘yilgan edi. So‘ng o‘sha odam meni tashqi hovliga olib chiqib, Ma’badning shimolidagi bir qator xonalar oldiga olib bordi. Bu xonalar Ma’badning g‘arb tomondagi imoratga yaqin joylashgan edi. Ularning umumiy uzunligi 100 tirsak, eni 50 tirsak edi, ularning eshigi shimol tomonga ochilardi. Xonalar bir tomoni bilan eni 20 tirsak bo‘lgan ichki hovlining ochiq joyiga, ikkinchi tomoni bilan Ma’badning tosh yotqizilgan tashqi hovlisiga qarab turardi. Xonalar uch qavat qilib qurilgan edi. Xonalarning ichki hovli tomonida bir keng yo‘lak bor edi. Bu yo‘lakning eni 10 tirsak, uzunligi 100 tirsak edi. Ammo xonalarning eshiklari shimol tomon ochilar edi. Uchinchi qavatdagi xonalar, ikkinchi qavatdagilarga, ikkinchi qavatdagi xonalar esa birinchi qavatdagilarga qaraganda torroq edi. Shuning hisobiga yuqori qavatdagi ayvonlar kengroq edi. Quyi qavatdagi xonalar yuqori qavatdagi xonalarga tayanch bo‘lib xizmat qilar edi. Shu sababdan bu inshoot qurilmasida Ma’badning boshqa binolaridan farqli ravishda ustunlardan foydalanilmagan. Bu xonalarni tashqi hovlidan devor ajratib turar edi. Uzunligi 50 tirsak bo‘lgan bu devor tashqi hovlidagi hujralarning davomiga qurilgan edi. Tashqi hovlidagi hujralarning uzunligi 50 tirsak, ichki hovlidagi bu xonalarning uzunligi esa 100 tirsak edi. Bu xonalarga tashqi hovlidan kirish uchun sharqdagi kiraverishdan foydalanilgan. Bu kiraverish hovlining devori boshlangan joyida edi. Janub tomonda ham ochiq joy va imorat ro‘parasida xonalar bor edi. Bu xonalarning old tomonida yo‘lakchasi bor edi. Xonalarning hajmi, eshiklari, tuzilishi va kirish joylari shimol tomondagi xonalarniki bilan bir xil edi. Bu xonalarga sharq tomondan o‘sha yo‘lakcha orqali kirilar edi. Yo‘lakning bir tomoni devor edi. U odam menga shunday dedi: “Ma’badning shimol va janub tomoniga qurilgan bu xonalar muqaddasdir. Bu xonalarda Egamizning huzuriga kiradigan ruhoniylar eng muqaddas nazrlarni tanovul qiladilar. Don nazri, gunoh qurbonliklari va ayb qurbonliklari bu xonalarga qo‘yiladi, chunki bu xonalar muqaddasdir. Ruhoniylar Ma’badda xizmat qilib bo‘lganlaridan keyin, muqaddas liboslarini bu xonalarda yechib, boshqa kiyim kiyib olishlari kerak. Shundan keyingina tashqi hovliga, odamlarning oldiga chiqishlari mumkin. O‘sha odam Ma’bad hovlisidagi binolarni o‘lchab bo‘lgandan so‘ng, meni sharqiy darvoza orqali tashqariga olib chiqib, Ma’bad hovlisining atrofidagi devorni o‘lchay boshladi. U chizg‘ichi bilan devorning sharq tomonini o‘lchadi, devorning uzunligi 500 tirsak chiqdi. [17-19] So‘ng devorning shimol, janub va g‘arb tomonlarini o‘lchadi. Devorning hamma tomonlari 500 tirsak uzunlikda edi. *** *** Ma’bad hududi to‘rt burchak shaklda edi. Bu devor muqaddas joyni oddiy joydan ajratib turar edi. O‘sha odam meni sharqiy darvoza oldiga olib bordi. Birdaniga men sharq tomonda paydo bo‘lgan Isroil Xudosining ulug‘vorligini ko‘rdim. Xudoning ovozi shovullagan dengiz tovushiga o‘xshar edi. Uning ulug‘vorligidan zamin porlay boshladi. Men ko‘rgan bu vahiy, Xudo Quddusni vayron qilish uchun kelganda va Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan vahiylarimga o‘xshab ketar edi. Men muk tushdim. Egamizning ulug‘vorligi sharqiy darvoza orqali Ma’badga kirdi. So‘ng Ruh meni oyoqqa turg‘izib, ichki hovliga olib kirdi. Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirdi. Ma’badni o‘lchagan odam yonimda bo‘lgan paytda, Ma’bad ichidan kimdir menga gapirdi. O‘sha ovoz menga dedi: “Ey inson, bu joy Mening taxtimdir, oyog‘im ostidagi poyandozimdir. Men bu yerda, xalqim Isroil orasida abadiy yashayman. Ular va ularning shohlari endi Meni badnom qilishmaydi. Ular boshqa xudolarga ko‘ngil bog‘lashmaydi, o‘lgan shohlariga haykallar yasashmaydi. Ular o‘z saroylarini muqaddas Ma’badimning yonginasiga qurishgan edi. Meni ulardan bittagina devor ajratib turar edi, xolos. Ular qilgan jirkanch ishlari bilan Meni badnom qilishdi. Shuning uchun Men g‘azablanib, ularni qirib tashladim. Agar endi ular begona xudolardan voz kechib, shohlariga o‘rnatgan haykallarni yo‘q qilishsa, Men ularning orasida abadiy yashayman. Ey inson, sen borib Isroil xalqiga Ma’badimni tasvirlab ber, ular Ma’badning loyihasi bilan tanishib chiqishsin. Qilgan gunohlaridan pushaymon bo‘lishsin. Qilmishlaridan pushaymon bo‘lishganda sen ularga Ma’badning loyihasini: uning joylashish tartibini, kirish–chiqishlarini, tuzilishini, qonun–qoidalarini batafsil tushuntirib ber. Loyihaning chizmasini ularning oldida chizib, barcha qonun–qoidalarini yozib qo‘y, toki hammasiga rioya qilishsin. Tog‘ cho‘qqisidagi Ma’bad joylashgan hudud muqaddas saqlansin. Bu Ma’badning asosiy qoidasi bo‘lsin. Ma’baddagi qurbongohning o‘lchamlari uzun tirsak bo‘yicha bo‘lsin. Ya’ni har bir uzun tirsak bir tirsagu to‘rt enni tashkil qilib, o‘lchamlari quyidagicha bo‘lsin: qurbongoh atrofidagi ariqchaning chuqurligi 1 tirsak, eni ham 1 tirsak, ariqcha chetining balandligi 1 qarich. [14-17] Qurbongoh uch qismdan iborat bo‘lishi shart. Har bir qism to‘rt burchak shaklida bo‘lsin. Qurbongoh quyi qismining balandligi ariqchaning tubidan o‘lchaganda 2 tirsak, har bir tomonining uzunligi 16 tirsak bo‘lsin. Ikkinchi qismining balandligi 4 tirsak, har bir tomonining uzunligi 14 tirsak bo‘lsin. Bu qismning aylanasiga tarnov qilinsin. Tarnovning eni yarim tirsak, tarnov chetining balandligi 1 tirsak bo‘lsin. Qurbongohning yuqori qismida qurbonliklar kuydiriladi. Bu qismning balandligi 4 tirsak, har bir tomonining uzunligi 12 tirsak bo‘lsin. Uning to‘rtala burchagidan shoxlar chiqib tursin. Qurbongohga sharq tomondan, zinapoyalar orqali chiqiladigan bo‘lsin. *** *** *** Egamiz Rabbiy menga shunday dedi: “Ey inson, qurbonliklarni kuydirish va qon sepish uchun qurbongohni qurganingizdan keyin quyidagi koidalarga rioya qilinglar: Mening huzurimda faqat Zodo‘x naslidan bo‘lgan levi ruhoniylari xizmat qilishsin. Sen ularga gunoh qurbonligi uchun bir buqani ber”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Sen o‘sha buqaning qonidan olib, qurbongohning to‘rtta shoxiga, qurbongoh o‘rta qismining to‘rtala burchagiga va chetlarga surtib chiq. Shu yo‘sin sen qurbongohni poklab, muqaddas qilasan. Buqaning jasadini esa Ma’baddan tashqariga, maxsus ajratilgan joyga olib chiqib kuydir. Keyingi kuni gunoh qurbonligi sifatida nuqsonsiz takani keltir. Qurbongohni buqaning qoni bilan qanday poklagan bo‘lsang, takaning qoni bilan ham xuddi shunday pokla. Qurbongohni poklaganingdan so‘ng, nuqsonsiz buqa va qo‘chqorni Mening huzurimga keltir. Ruhoniylar bu jonivorlarning ustiga tuz sochib, ularni Menga atab qurbonlik qilib kuydirishsin. Har kuni, yetti kun davomida bir takani gunoh qurbonligi qil. Bundan tashqari, bir buqa va bir qo‘chqorni qurbonlik uchun keltir. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lishi shart. O‘sha yetti kun davomida ruhoniylar qurbongohni poklab, muqaddas qilishsin. Shunday qilib, uni Mening xizmatimga bag‘ishlasinlar. Sakkizinchi kundan boshlab, ular har kuni o‘sha qurbongohda tinchlik va kuydiriladigan qurbonliklarini keltirishsin. Shunda Men sizlardan mamnun bo‘laman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. O‘sha odam meni Ma’badning sharq tomonidagi tashqi darvoza binosi yoniga olib bordi. Biroq darvoza yopiq edi. Egamiz menga shunday dedi: “Bu darvoza doim yopiq tursin, uni ocha ko‘rmanglar. Birorta odam bu darvozadan foydalanmasin. Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz bu darvozadan kirganim uchun, u yopiqligicha qolsin. Faqatgina hukmdoringiz shu darvoza binosining ichida o‘tirib, Mening huzurimda muqaddas taomni tanovul qilishi mumkin. Darvoza binosiga u dahliz orqali kirib, yana o‘sha yo‘l bilan chiqib ketadi.” So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza orqali Ma’bad oldiga olib bordi. Vo ajabo! Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirganini ko‘rdim! Men muk tushdim. Egamiz menga dedi: “Ey inson, gaplarimni qulog‘ingga quyib ol. Men senga Ma’badimning qonun–qoidalarini tushuntiraman. Ma’badga kim kirishi mumkin–u, kim kirishi mumkin emasligini yaxshilab eslab qol. Isyonkor Isroil xalqiga ayt: “ Egamiz Rabbiy shunday demoqda: jirkanch ishlaringizni bas qilinglar! Qurbonliklarning qoni va yog‘i Menga taqdim qilinayotgan paytda, sizlar yuragi va tanasi sunnat qilinmagan musofirlarni dargohimga olib kirib, Ma’badimni bulg‘adingiz. Jirkanch odatlaringiz bilan ahdimni buzdingiz. Muqaddas nazrlarimga oid talablarimni bajarmay, musofirlarni Ma’badimdagi xizmatga tayinladingiz.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Yuragi va tanasi sunnat qilinmagan bironta musofir Ma’badimga kirmaydi. Bu Isroil xalqi orasida yashagan musofirlarga ham taalluqlidir.” Isroil xalqi haq yo‘ldan ozganda, ba’zi bir levilar ham Mendan yuz o‘girib, butlarga sig‘ina boshlagan edilar. Buning uchun Men ularni jazosiz qoldirmayman. Ular Ma’badimda xizmat qilaveradilar: darvozabonlar bo‘ladilar, Ma’bad ichida xizmat qiladilar. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar uchun keltirilgan hayvonlarni so‘yadilar, Ma’badga kelgan odamlarga xizmat qiladilar. Ammo ular butlarga sajda qilgan Isroil xalqiga xizmat qilib, xalqni gunohga botirganlari uchun, Men, Egangiz Rabbiy, qasam ichib aytamanki, ular o‘z jazosini tortadilar. Men ularni ruhoniylikdan chetlashtiraman. Ular endi na huzurimga kiradilar, na muqaddas narsalarimga, na eng muqaddas nazrlarimga qo‘l tekkizadilar. Jirkanch odatlari uchun tortadigan jazosi shu bo‘ladi, ular isnodga qoladilar. Shunga qaramay, Ma’baddagi hamma yumushlarni bajaraveradilar. Isroil xalqi Mendan yuz o‘girganda, Zodo‘x naslidan bo‘lgan levi ruhoniylari Ma’badimdagi xizmatlarini sadoqat bilan bajarib keldilar. Shunday ekan, ular doimo Mening xizmatimda bo‘ladilar. Huzurimda turib, qurbonliklarning qonini va yog‘ini Menga taqdim qiladilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Ma’badimga kiradigan, dasturxonim yoniga borib, Menga xizmat qiladigan o‘shalardir. Ular Mening talablarimni bajarishlari shart. Ular Ma’badning ichki hovlisiga kirganlarida egnilariga zig‘ir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olishsin. Ma’bad ichkarisida yoki ichki hovlida xizmat qilganlarida ustilarida bironta junli kiyim bo‘lmasin. Boshlariga zig‘ir salla o‘rab, ichlaridan zig‘ir ishton kiyib olishsin. Terlatadigan birorta kiyim kiyishmasin. Tashqi hovliga, xaloyiq oldiga chiqishlaridan oldin xizmat vaqtida kiygan kiyimlarini yechib, muqaddas hujralarda qoldirishsin. Ustilariga boshqa kiyimlarni kiyib olishsin, toki muqaddas kiyimlarda xaloyiq oldiga chiqib, odamlarga shikast yetkazishmasin. Ruhoniylar sochlarini o‘z vaqtida kaltalatib turishsin. Soch qirdirish va soch o‘stirish ularga man etilgan. Ichki hovliga kirishlaridan oldin sharob ichishmasin. Beva yoki eridan ajrashgan ayolga uylanishmasin. O‘z nikohiga faqat Isroil xalqidan bo‘lgan bokira qizni yoki boshqa ruhoniyning bevasini olishsin. Xalqimga muqaddas va oddiy narsaning farqini, halol bilan haromning farqini o‘rgatishsin. Xalqimga qozi bo‘lishsin, arzlarni qonunlarimga muvofiq hal etishsin. Men tayin etgan bayramlarga oid qonun va farmonlarimga rioya qilishsin. Shabbat kunini muqaddas saqlashsin. Marhumga yaqinlashib bulg‘anmasin. Vafot etgan odam ruhoniyning otasi, onasi, farzandi, aka–ukasi yoki turmush qurmagan opa–singlisi bo‘lsagina, ruhoniy marhumga yaqinlashib, bulg‘anishi mumkin. Bunday hollarda u poklanish marosimini ado etishi shart. Yetti kundan keyin Ma’badning ichki hovlisiga kirib, poklanish qurbonligini keltirsin. Shundan keyingina u Ma’badda yana xizmat qila oladi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. “Ruhoniylarga Isroil xalqi orasidan hech qanday ulush berilmasin. Ularning mulki ham, ulushi ham Menman. Don nazri, gunoh va ayb qurbonliklari ularning rizqidir. Isroil xalqi Menga atagan har bir narsa ruhoniylarga tegishli bo‘lsin. Ilk hosilning va hamma nazrlarning eng yaxshisi ruhoniylarniki bo‘lsin. Xamirning birinchi zuvalasidan yopilgan nonni ruhoniylarga nazr qilib beringlar, shunda Xudoning barakasi xonadoningizdan arimaydi. Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajigan jonivorning go‘shtini tanovul qilish ruhoniylarga taqiqlangan. Isroil qabilalariga yerni bo‘lib berayotganingizda, Egamizga tegishli qismini ham ajratib qo‘yinglar. Egamizga ajratilgan hududning uzunligi 25.000 tirsak, eni 20.000 tirsak bo‘lsin. Butun hudud tabarruk hisoblansin. Hududning 500 tirsakka 500 tirsak bo‘lgan to‘rtburchak yeri Ma’bad uchun ajratiladi. Uning atrofi 50 tirsak masofada ochiq joy bo‘ladi. [3-4] Tabarruk hududning yarmi ruhoniylarniki bo‘ladi. Uzunligi 25.000 tirsak, eni 10.000 tirsak bo‘lgan hududning bu qismida ruhoniylarning uylari va Ma’bad joylashadi. Bu eng muqaddas joy bo‘ladi. *** Tabarruk hududning ikkinchi yarmi Ma’baddagi yumushlarni bajarayotgan levilarga qarashli bo‘ladi. Ular yashaydigan shaharlar shu yerda joylashadi. Tabarruk hududning yoniga uzunligi 25.000 tirsak, eni 5.000 tirsak bo‘lgan joyni qo‘shinglar. Bu yerda shahar joylashadi. Isroil xalqidan bo‘lgan har qanday odam kelib, bu shaharda yashasa bo‘ladi. Taxtda o‘tirgan hukmdorga alohida yer berilsin. Unga beriladigan yerning bir qismi tabarruk hududning g‘arbiy chegarasidan O‘rta yer dengizigacha cho‘zilsin. Ikkinchi qismi tabarruk hududning sharqiy chegarasidan Iordan daryosigacha cho‘zilsin. Demak, hukmdorga qarashli yerning uzunligi Isroil qabilalariga ajratilgan yerning uzunligi bilan bir xil bo‘ladi. Bu hukmdorning ulushidir. Bundan buyon hukmdorlar xalqimga zulm o‘tkazmaydilar, Isroil qabilalari o‘z yerlariga o‘zlari egalik qiladilar. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey Isroil hukmdorlari, zo‘ravonligu zulmingizni bas qiling! Adolatu to‘g‘rilik ila ish tuting. Xalqimni o‘z yeridan mahrum qilmang.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. “Doim to‘g‘ri o‘lchovni va to‘g‘ri tarozini ishlating: Sochiluvchan quruq narsalarni o‘lchash uchun tog‘orani ishlating, suyuq narsalarni o‘lchash uchun ko‘zani ishlating. Tog‘ora va ko‘zaning hajmi bir xil bo‘lsin. Tog‘ora ham, ko‘za ham xo‘mrning o‘ndan bir qismini sig‘dirsin. Og‘irlik birligi sifatida kumush shaqalni ishlating. Bir shaqal yigirma geraga, oltmish shaqal bir minaga to‘g‘ri kelsin. Hukmdorga quyidagi miqdorda soliq to‘lansin: Bug‘doy hosilining oltmishdan bir qismi, Arpa hosilinining oltmishdan bir qismi, Zaytun moyining bir foizi ( Zaytun moyini ko‘zalarda o‘lchanglar. O‘nta ko‘za — bir xo‘mrga yoki bir korga to‘g‘ri keladi), Suruvdagi ikki yuzta qo‘ydan biri. Bular don nazri, quydiriladigan va tinchlik qurbonliklari sifatida xalqni gunohlaridan poklash uchun keltiriladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Butun Isroil xalqi bu nazrlarni hukmdorga berishi lozim. Hukmdor yangi oy shodiyonasida, Shabbat va boshqa bayramlarda keltiriladigan qurbonliklaru nazrlar uchun hayvonlarni, don va sharobni ta’minlab berishi shart. Isroil xalqini gunohlaridan poklash uchun keltiriladigan gunoh, tinchlik va kuydiriladigan qurbonliklar hamda don nazri uchun hukmdor mas’uldir.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Birinchi oyning birinchi kunida, nuqsonsiz bir buqani qurbonlik qilib, Ma’badni pokla. Ruhoniy bu gunoh qurbonligining qonidan olib, Ma’bad eshiklarining kesakisiga, qurbongohning to‘rt burchagiga va ichki hovli darvozalarining yondorlariga surtsin. Birinchi oyning yettinchi kuni ham xuddi shunday qilsin va shu yo‘l bilan xalqning bilmay qilgan gunohlarini yuvsin. Shunda Ma’bad pok bo‘ladi. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kunidan boshlab Fisih ziyofati va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonlanglar. O‘sha vaqt davomida xamirturushsiz nonlar yenglar. Bayramning birinchi kunida hukmdor o‘zining va butun xalqning gunohlari uchun bir buqani gunoh qurbonligi qilib, olib kelsin. U bayramning yetti kuni davomida Egamizga kuydiriladigan qurbonlik uchun har kuni yettitadan buqa va yettitadan nuqsonsiz qo‘chqor yetkazib bersin. Bundan tashqari, har kuni gunoh qurbonligi uchun bittadan taka bersin. Qurbonlik qilinadigan har bir buqa va har bir qo‘chqor bilan birga bir tog‘ora don va sakkiz kosa zaytun moyini bersin. Yettinchi oyning o‘n beshinchi kunida boshlanadigan Chayla bayrami uchun ham, yetti kun davomida keltiriladigan gunoh qurbonliklari, kuydiriladigan qurbonliklar, don va zaytun nazrlarini yetkazib tursin. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ichki hovlining sharqiy darvozasi haftaning olti kuni davomida yopiq tursin, Shabbat kuni va yangi oy shodiyonasi kuni ochilsin. Hukmdor tashqi hovlidan bu darvoza binosining dahliziga kirib, dahlizning eshigida tursin. Ruhoniy kuydiriladigan va tinchlik qurbonliklarini keltirayotganda hukmdor dahliz ostonasida turib, Xudoga sajda qilsin. So‘ng kelgan yo‘li bilan chiqib ketsin. Darvoza kechgacha ochiq tursin. Har Shabbat va yangi oy shodiyonasi kuni Isroil xalqi bu darvoza oldida turib, Egangizga sajda qilsin. Har Shabbat kuni hukmdor kuydiriladigan qurbonlik uchun oltita nuqsonsiz qo‘zini va bitta nuqsonsiz qo‘chqorni Egangizga atab, olib kelsin. Qo‘chqor bilan birga bir tog‘ora donni nazr qilsin. Qurbonlik qilinadigan har bir qo‘zi bilan birga xohlagan miqdorda don nazr qilsin. Har bir tog‘ora don bilan birga sakkiz kosa zaytun moyini nazr qilsin. Yangi oy shodiyonasi kuni bitta nuqsonsiz buzoq, oltita nuqsonsiz qo‘zini va bitta nuqsonsiz qo‘chqorni olib kelsin. Menga atalgan har bir buzoq va qo‘chqor bilan birga bir tog‘oradan don nazr qilsin. Qo‘zilar bilan birga esa xohlagan miqdorda don nazr qilsin. Har bir tog‘ora don bilan birga sakkiz kosa zaytun moyini nazr qilsin. Hukmdor ichkariga kirganda, darvoza binosining dahlizi orqali kirsin va yana o‘sha yo‘l bilan qaytib chiqsin. Belgilangan bayramlarda odamlar Egangizga sajda qilgani keladilar. Shunda ular bir darvozadan kirib, qarshisidagi darvozadan chiqib ketishlari shart. Ma’bad hovlisiga shimoliy darvozadan kirganlar janubiy darvoza orqali chiqishsin. Janubiy darvozadan kirganlar shimoliy darvozadan chiqishsin. Hukmdor xalq bilan birga kirib, xalq bilan birga chiqib ketsin. Shunday qilib, bayramlarda va belgilangan tantanalarda qurbonlik qilinadigan har bir buzoq va qo‘chqor bilan birga bir tog‘oradan don nazr qilinadi. Qurbonlik qilinadigan qo‘zilar bilan birga xohlagan miqdorda don nazr qilinishi mumkin. Har bir tog‘ora don bilan birga sakkiz kosa zaytun moyi nazr qilinadi. Hukmdor ko‘ngildan chiqarib beradigan tinchlik yoki kuydiriladigan qurbonlikni keltirmoqchi bo‘lganda, uning uchun ichki hovlining sharqiy darvozasi ochilsin. U bu qurbonliklarini Shabbat kunida keltiradigan qurbonliklarga o‘xshab taqdim qilsin, darvoza binosidan chiqib ketganidan so‘ng darvoza bekitilsin. Har kuni ertalab nuqsonsiz bir yoshli qo‘zini Egangizga qurbonlik qilib, kuydiringlar. Bu bilan birga har kuni ertalab don nazrini keltiringlar. Don nazri quyidagilardan iborat bo‘lsin: olti kosa sifatli un va bu unni namlash uchun uch kosa zaytun moyi. Kundalik qurbonlik va nazrlarga oid bu qoidaga doimiy ravishda rioya qilinglar. Xullas, har kuni ertalab Egangizga qo‘zini, donni va zaytun moyini kuydiriladigan qurbonlik qilish uchun olib kelinglar. Bu sizlar uchun abadiy qoida bo‘lsin.” Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Agar hukmdor biror o‘g‘liga yerini sovg‘a qilsa, sovg‘a qilingan yer o‘sha o‘g‘lining abadiy merosi bo‘lib qoladi. Bordi–yu, hukmdor yerini biror xizmatkoriga sovg‘a qilsa, xizmatkor sovg‘a qilingan yerga Qutlug‘ yiligacha egalik qila oladi. Qutlug‘ yilida yer hukmdorga qaytadi. Hukmdor yerlarini faqatgina o‘z o‘g‘illariga meros qilib berishi mumkin. Boshqa odamlarning yerlarini tortib olish unga taqiqlanadi. U o‘g‘illariga faqat o‘zining qaramog‘ida bo‘lgan yerlardan meros bersin, xalqimni o‘z yeridan mahrum qilmasin. So‘ng odam meni darvoza yonidagi yo‘l orqali, shimol tomondagi ruhoniylarning muqaddas xonalari oldiga boshlab bordi. O‘sha yerdan u menga g‘arbdagi, eng chetdagi bir joyni ko‘rsatib, dedi: “Anavi — oshxona. Ruhoniylar bu yerda ayb va gunoh qurbonliklarining go‘shtini qaynatadilar, nazr qilingan donning unidan non yopadilar. Bu muqaddas nazrlarni tashqi hovliga olib chiqmaslik uchun va shu orqali odamlarga shikast yetkazmaslik uchun oshxona aynan shu yerda joylashgan.” So‘ng u meni yana tashqi hovliga olib chiqib, hovlining to‘rtta burchagida joylashgan oshxonalarni ko‘rsatdi. Usti ochiq bu to‘rttala oshxona bir xil: uzunligi 40 tirsak, eni 30 tirsak edi. Oshxona devorlari bo‘ylab o‘choqlar qurilgan edi. Odam menga shunday dedi: “Bu oshxonalar Ma’badda xizmat qiladiganlar uchun mo‘ljallangan. Ular bu yerda odamlar keltirgan qurbonliklarni qaynatadilar.” O‘sha odam meni Ma’badning eshigi yoniga olib bordi. Qarasam, Ma’bad ostonasidan bir irmoq oqib chiqayotgan ekan. Ostonaning janub tomonidan chiqqan bu irmoq qurbongohning janubidan o‘tib, sharqqa oqayotgan edi. So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza orqali tashqariga olib chiqdi. Biz aylanib, Ma’badning sharqiy darvozasi yoniga bordik. Irmoq sharqiy darvozaning janub tomonidan jildirab oqib chiqayotgan edi. O‘sha odam qo‘lidagi arqon bilan sharq tomonga oqayotgan bu irmoqning uzunligini o‘lchay boshladi. U 1.000 tirsak o‘lchab bo‘lganidan so‘ng, irmoqdan kechib o‘tishimni buyurdi. O‘sha yerdagi suv to‘pig‘imgacha kelar edi. So‘ng yana 1.000 tirsak o‘lchab, irmoqdan kechib o‘tishimni buyurdi. Bu safar suv tizzamgacha chiqqan edi. Keyingi 1.000 tirsak masofadan so‘ng suv belimgacha chiqdi. So‘ng u odam yana 1.000 tirsak o‘lchadi, bu yerda irmoq o‘tib bo‘lmaydigan bir daryoga aylangan edi. U shu qadar chuqur ediki, uni faqat suzib o‘tsa bo‘lar edi. Shunda u odam menga: “Ey inson, ko‘rgan bu narsani doim yodingda tut”, — dedi–da, meni qirg‘oqqa boshlab ketdi. Qirg‘oqqa chiqqanimizdan so‘ng, men daryoning ikki tomonida o‘sayotgan juda ko‘p daraxtlarni ko‘rdim. Odam menga dedi: “Bu daryo sahro orqali Iordan vodiysiga oqib, O‘lik dengizga quyiladi. Shunda O‘lik dengizning sho‘r suvlari shirin bo‘ladi. Daryo oqib borgan hamma joyda sudraluvchilar yashaydi, baliqlar to‘lib–toshadi. Shirin bo‘lgan bu suvlar oqib o‘tgan hamma joyda hayot boshlanadi. Odamlar O‘lik dengizning qirg‘oqlarida turib baliq tutishadi, En–Kaydidan En–Exlayimgacha bo‘lgan joyda to‘rlarini quritishadi. O‘rta yer dengizidagi kabi baliqlarning turi ko‘p bo‘ladi. Biroq botqoqliklar bilan xalqoblarning suvlari yangilanmaydi. Ular tuz manbayi bo‘lib qoladi. Daryoning ikki tomonida turli xil mevali daraxtlar o‘sadi. Ular har oyda yangi mevalar tugadi, barglari hech qachon so‘limaydi. Ma’baddan chiqqan suv ularni sug‘organi uchun ular hech qachon hosildan qolmaydi. Ularning mevalari ozuqa bo‘ladi, barglari shifo keltiradi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Yurtni Isroilning o‘n ikki qabilasiga bo‘lib berayotganingizda quyidagi ko‘rsatmalarga rioya qilinglar: Yusuf qabilasiga ikki ulush yer berilsin. Men ota–bobolaringizga ont ichib, va’da qilgan bu yerni qabilalar orasida teng bo‘linglar. Bu yer sizning mulkingiz bo‘ladi. Shimoliy chegarangiz O‘rta yer dengizidan boshlanib, sharqqa Xetlon shahri tomon boradi, so‘ng Levo–Xomat orqali o‘tib, Zadod shahrigacha davom etadi. Keyin Damashq va Xomat oralig‘idagi Baro‘tax va Sivrayim shaharlarigacha borib, Xavron chegarasidagi Xazer–Xatikongacha cho‘ziladi. Shunday qilib, shimoliy chegarangiz O‘rta yer dengizidan sharqdagi Xazor–Enan shahrigacha boradi. Xazor–Enan shahri janubdagi Damashq va shimoldagi Xomat hududlari orasida joylashgan. Sharqiy chegara Xavron va Damashq hududlari orasida boshlanib, Isroil va Gilad yerlari o‘rtasidan oqqib o‘tgan Iordan daryosi bo‘ylab boradi. O‘lik dengizdan ham o‘tib, janubdagi Tamar shahrigacha yetib boradi. Mana shu sharqiy chegaradir. Janubiy chegara Tamar shahrida boshlanib, Kadeshdagi Mariva suvlarigacha boradi, keyin Misr soyligi bo‘ylab borib, O‘rta yer dengizigacha yetadi. Bu janubiy chegaradir. O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i g‘arbiy chegarani tashkil qilib, Levo–Xomatning g‘arbdagi shimoliy chegara boshlangan joygacha boradi. Bu yerlarni Isroil qabilalariga bo‘lib beringlar. Uni qur’a bo‘yicha meros qilib olinglar. Bolalari Isroilda tug‘ilgan orangizdagi musofirlarga ham yeringizdan ulush beringlar. Ularni Isroilning mahalliy aholisi deb bilinglar. Ularga o‘zingiz qatori Isroil qabilalari orasidan yerni mulk qilib beringlar. Ular qaysi qabila orasida yashashsa, o‘sha qabila hududidan yer olishsin”, deb aytmoqda Egangiz Rabbiy. Quyida Isroil qabilalarining nomlari va ularning ulush qilib olgan yerlari qayd etilgan. Dan qabilasining hududi Isroil yurtining shimolida joylashgan. Uning chegarasi Xetlon yo‘li bo‘ylab Levo–Xomatga, so‘ng Xazor–Enanga boradi. Xazor–Enan shahri janubdagi Damashq va shimoldagi Xomat hududlari orasida joylashgan. Dan qabilasining hududi Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha cho‘ziladi. Dan hududidan janubda Asher qabilasi joylashadi, uning hududi ham Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha cho‘ziladi. Asher hududidan janubda Naftali qabilasi joylashadi, ularning hududi ham g‘arbdan sharqqacha cho‘ziladi. [4-7] Naftalidan janubda Manashe qabilasi, Manashedan janubda Efrayim, so‘ng Ruben, so‘ng Yahudo qabilalari joylashadi. Hamma qabilalarning hududlari Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha cho‘ziladi. *** *** *** Yahudo hududidan janubda maxsus ajratilgan yer bo‘ladi. Bu yerning uzunligi har bir qabilaga ajratilgan yerning uzunligi bilan teng, Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha bo‘ladi. Eni esa 25.000 tirsak bo‘ladi. Bu maxsus ajratilgan yerning o‘rtasida Ma’bad joylashadi. Menga ajratilgan bu hududning uzunligi 25.000 tirsak, eni 20.000 tirsak bo‘ladi. Men, Egangiz, muqaddas yerimning yarmini ruhoniylarga beraman. Ularga ajratilgan yerning shimol tomonidagi uzunligi 25.000 tirsak, g‘arb tomondagi eni 10.000 tirsak, sharq tomondagi eni 10.000 tirsak va janub tomondagi uzunligi 25.000 tirsak bo‘ladi. Ruhoniylarga ajratilgan yerning markazida Mening Ma’badim joylashadi. Bu yer faqat Zodo‘x avlodidan tayinlangan ruhoniylarga tegishli bo‘ladi, chunki ular Mening talablarimni bajardilar. Isroil xalqi va boshqa levilar Mendan yuz o‘girganlarida ular Mendan yuz o‘girmadilar. Menga ajratilgan hududning eng muqaddas joyi ruhoniylarning maxsus ulushi bo‘ladi. Ruhoniylarning bu yeri levilarning yerlariga tutashgan bo‘ladi. Men muqaddas yerimning ikkinchi yarmini levilarga beraman. Ularga beradigan yerning uzunligi 25.000 tirsak, eni 10.000 tirsak bo‘ladi. Ruhoniy va levilarga beradigan yerning umumiy uzunligi 25.000 tirsak, eni 20.000 tirsak bo‘ladi. Bu yerni sotish, ayirboshlash yoki birovning nomiga o‘tkazish qat’iyan man etiladi. Axir, bu yer Meniki, u muqaddasdir. Menga ajratilgan yerdan janubda shaharga qarashli yerlar bo‘ladi. Uzunligi 25.000 tirsak, eni 5.000 tirsak bo‘lgan bu yerlarda odamlarning uylari va yaylovlari bo‘ladi. Shahar o‘sha yerning markazida joylashadi. Shaharning eni va uzunligi bir xil 4.500 tirsak bo‘ladi. Shahar har tomondan eni 250 tirsak bo‘lgan yaylovlar bilan o‘ralgan bo‘ladi. Shahardan ortib qolgan g‘arbdagi va sharqdagi 10.000 tirsakka 5.000 tirsak bo‘lgan yer dalalar uchun mo‘ljallangan. U yerda shahardagi ishchilar uchun ozuqa yetishtiriladi. Shaharda yashaydigan har qanday odam, qaysi qabiladan bo‘lmasin, o‘sha dalalarga ekin ekishi mumkin. Demak, maxsus ajratilgan yer to‘rtburchak shaklda, har bir tomoni 25.000 tirsak uzunlikda bo‘ladi. Bu yer muqaddas yerlarni va shahar qaramog‘idagi yerlarni o‘z ichiga oladi. Maxsus ajratilgan yerning g‘arb va sharq tomonidagi ortgan yerlar Isroil hukmdoriga qarashli bo‘ladi. Hukmdorning sharqdagi yerlari Iordan daryosiga, g‘arbdagi yerlari O‘rta yer dengiziga borib taqaladi. G‘arbdagi yerning ham, sharqdagi yerning ham uzunligi 25.000 tirsak bo‘ladi. Ularning o‘rtasida Mening muqaddas ulushim, Ma’badim, Levilarning ulushi va Quddus shahri joylashadi. Hukmdorning yerlari shimolda Yahudo qabilasining yerlariga, janubda Benyamin qabilasining yerlariga chegaradosh bo‘ladi. Qolgan qabilalarga quyidagi yerlar ulush qilib beriladi: maxsus ajratilgan yerdan janubda Benyamin qabilasining hududi bo‘lib, Isroil yurtining sharqiy chegarasidan g‘arbiy chegarasigacha cho‘ziladi. Benyamin hududidan janubda Shimo‘n qabilasining hududi bo‘lib, yurtning sharqiy chegarasidan g‘arbiy chegarasigacha cho‘ziladi. Shimo‘n hududidan janubda Issaxor qabilasining hududi bo‘lib, sharqiy chegaradan g‘arbiy chegaragacha cho‘ziladi. Issaxor hududidan janubda Zabulun qabilasining hududi bo‘lib, sharqiy chegaradan g‘arbiy chegaragacha cho‘ziladi. Zabulun hududidan janubda Gad qabilasining hududi bo‘lib, sharqiy chegaradan g‘arbiy chegaragacha cho‘ziladi. Gad hududining janubiy chegarasi Tamar shahridan to Kadeshdagi Mariva suvlarigacha boradi, keyin Misr soyligi bo‘ylab o‘tib, O‘rta yer dengizigacha yetadi. Shunday qilib, Isroil yurti o‘n ikki qabilaga bo‘lib beriladi, olgan yerlari ularning ulushi bo‘ladi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. Shaharning darvozalari quyidagicha bo‘lsin: shaharning shimoliy devori 4.500 tirsak uzunlikda bo‘lib, uning uchta darvozasi bo‘ladi. Shahar darvozalariga Isroil qabilalarining nomlari beriladi. Bu tomondagi darvozalarning nomlari Ruben, Yahudo va Levi bo‘ladi. Sharqiy devorning uzunligi ham 4.500 tirsak bo‘ladi, uning uchta darvozasi Yusuf, Benyamin va Dan qabilalari nomlari bilan nomlanadi. Janubiy devorning uzunligi ham 4.500 tirsak bo‘ladi, uning uchta darvozasi Shimo‘n, Issaxor va Zabulun, deb nomlanadi. G‘arbiy devorning uzunligi ham 4.500 tirsak bo‘ladi, uning uchta darvozasi Gad, Osher va Naftali deb nomlanadi. Shaharni o‘rab turgan devorning umumiy uzunligi 18.000 tirsak bo‘ladi. O‘sha vaqtdan boshlab shaharning nomi “ Egamiz shu yerdadir” bo‘ladi. Yahudo shohi Yohayiqim hukmronligining uchinchi yilida Bobil shohi Navuxadnazar Quddusga qo‘shin tortib kelib, shaharni qamal qildi. Rabbiyning irodasi bilan Navuxadnazar Yahudo shohi Yohayiqimni asirlikka olib, Xudoning uyidagi ayrim idishlarni olib chiqdi. Navuxadnazar o‘ljalarni Bobil yurtiga olib borib, idishlarni o‘z xudosining uyidagi xazinaga joylashtirdi. U saroyning bosh mulozimi Ashnapazga shunday buyruq bergan edi: “ Isroil xalqidan olingan asirlardan shoh va zodagonlarning oilalariga mansub bo‘lgan yosh, jismonan sog‘lom, xushqomat, zehni o‘tkir, qobiliyatli, farosatli va shohning saroyida xizmat qilishga layoqatli yigitlarni olib kel. Sen ularga bobil tili va adabiyotini o‘rgatishing kerak. Har kungi yegulik bilan sharob ularga mening dasturxonimdan berilsin. Ular uch yil ta’lim olishgach, mening huzurimda hozir bo‘lishlari lozim.” Tanlanganlarning orasida Yahudo qabilasidan bo‘lgan Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo ismli o‘spirinlar bor edi. Bosh mulozim ularning ismlarini o‘zgartirib, Doniyorni Beltashazar, Xanoniyoni Shadrax, Mishailni Meshax, Ozariyoni esa Abednaxu deb atadi. Doniyor shohona yegulik va sharobdan bulg‘anishni xohlamadi. U bu taomlardan voz kechmoqni ahd qilib, bosh mulozimdan buning uchun ijozat so‘radi. Xudoning irodasi bilan Doniyor bosh mulozimning muruvvatiyu iltifotiga sazovor bo‘lgan edi. Ammo bosh mulozim Doniyorning taklifini eshitib lol qoldi va dedi: “Yo‘q, yegulik bilan ichimliklarni sizlarga shoh hazratlarining o‘zlari belgilaganlar. Hazratimning buyruqlaridan bosh tortishdan qo‘rqaman. Bordi–yu, ko‘rinishlaring tengdoshlaringnikidan yomonroq bo‘lsa, jonimni xavf ostiga qo‘ygan bo‘lasizlar.” Keyin Doniyor bu masala xususida bosh mulozim tayinlagan soqchi bilan gaplashdi, chunki bu soqchi Doniyor va uning uch og‘aynisi uchun mas’ul bir odam edi. U soqchiga shunday dedi: “Iltimos, qullaringizni o‘n kun davomida sinab ko‘ring. Bizga yegani sabzavot, ichgani suv bering. Keyin esa bizni shohona yegulikni yegan yigitlar bilan solishtirib ko‘ring, so‘ng bilganingizni qilavering.” Soqchi rozi bo‘lib, ularni o‘n kun davomida sabzavotlar bilan boqdi. O‘n kun o‘tgach, ularning qadlari to‘lishib, shohona yegulik yegan boshqa yigitlardan ancha ko‘rkam bo‘ldi. Shunday qilib, soqchi ularning shohona yeguliklari va sharobini o‘ziga olib qolib, ularga faqat sabzavotlar beradigan bo‘ldi. Xudo bu to‘rtta yigitga adabiyot va falsafaning har sohasini fahmlamoq uchun bilim va iste’dod bergan edi. Bundan tashqari, Doniyor turli xil vahiy va tushlarni ta’birlash qobiliyatiga ega edi. Shoh belgilagan muddat tugagach, bosh mulozim hamma yigitlarni Navuxadnazar huzuriga olib bordi. Shoh ularning har biri bilan suhbatlashdi. Ular orasida hech kim Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyoga teng kelmas edi. Shuning uchun shoh ularni o‘z saroyida olib qoldi. Shoh qanday savol bermasin va qanday jumboqni yechishni so‘ramasin, ularning bilimi va donoligi butun shohlikdagi folbinu munajjimlarnikidan o‘n barobar ziyoda edi. Doniyor saroyda shoh Kurush hukmronligining birinchi yiligacha xizmat qildi. Navuxadnazar hukmronligining ikkinchi yilida bir tush ko‘rdi. Tushi uni shu qadar bezovta qilib yubordiki, ko‘ziga boshqa uyqu kelmadi. Shoh tushining ta’birini bilish uchun qo‘li ostidagi barcha folbin, munajjim, sehrgar va afsungarlarni chaqirtirdi. Ular shoh huzurida hozir bo‘lganlarida, shoh ularga shunday dedi: — Men g‘alati bir tush ko‘rdim. Yuragimga g‘ulg‘ula solgan bu tushning ta’birini bilmoqchiman. Ular shohga oramiy tilida dedilar: — Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! Tushingizni aytib bering, kaminalaringiz uni ta’birlab beradilar. — Bilib qo‘yinglar, — dedi ularga shoh. — Agar menga tush va uning ta’birini aytib bermasangiz, men sizlarni jazolab, tanalaringizni bo‘lak–bo‘lak qildiraman, uylaringizni esa vayron qilib, bir uyum toshga aylantiraman. Bordi–yu, tushimni aytib, uni ta’birlab bersangiz, sizlarga in’omu mukofotlar berib, izzat–ikrom ko‘rsataman. Qani, endi menga ko‘rgan tushimni va uning ta’birini aytib beringlar! Ular shohga ikkinchi marta dedilar: — Shoh hazratlari avval tushlarini aytsinlar, kaminalaringiz uni ta’birlashga tayyordirlar. — Sizlar qarorim qat’iy ekanini ko‘rib, vaqtni cho‘zmoqchisizlar, — dedi shoh. — Buni aniq bilib turibman. Agar tushimni aytib bermasangiz, hammangizga jazo bir! Sizlar meni laqillatib, vaziyat o‘zgargunicha vaqtni cho‘zishga kelishib olgansizlar. Tushni menga aytib beringlar, shunda uni ta’birlay olishingizni ham bilaman. — Yer yuzida shohning bu talabini qondiradigan bironta jon bormikan?! — deya ajablandilar ular. — Shuhrati ro‘yi zaminga yoyilgan shohlarning birontasi ham bunday narsani na folbin, na munajjim, na afsungardan talab qilgan. Shoh hazratlari bizdan imkonsiz bir narsani talab qilyaptilar. Buni shohga foniy bandalar dunyosidan yiroq yashaydigan xudolardan boshqa hech kim ochib berolmaydi. Darg‘azab bo‘lgan shoh: “ Bobildagi barcha saroy maslahatchilari qatl qilinsin!” — deya farmon berdi. Farmon e’lon qilindi. Saroy maslahatchilari qatl qilinish arafasida edi. Doniyor va uning o‘rtoqlari ham qatl qilinishlari kerak edi. Shoh soqchilarining boshlig‘i Oriyox saroy maslahatchilarini qatl qilmoq uchun yo‘lga chiqqanda, Doniyor uning oldiga borib, ehtiyotkorlik bilan murojaat qilib: “Ey, Oriyox hazratlari, nima bois shoh bunday shoshilinch farmon chiqardilar?” — deb so‘radi. Shunda Oriyox bo‘lib o‘tgan voqeani unga birma–bir so‘zlab berdi. Doniyor shosha–pisha shoh qoshiga kirib, tushning ta’birini topmoq uchun hazratlaridan muhlat so‘radi. So‘ng uyga borib, bo‘lib o‘tgan voqeani sheriklari Xanoniyo, Mishail va Ozariyolarga aytib berib, dedi: “Saroy maslahatchilari bilan birga halok bo‘lmasligimiz uchun, Samoviy Xudoga iltijo qilinglar. U bizga rahm qilib, bu sirni ochib berishini so‘ranglar.” O‘sha kecha Doniyorga bu sir vahiy orqali oshkor bo‘ldi va Doniyor Samoviy Xudoga hamdu sanolar aytdi: “Xudoyimiz dono va qudratlidir, Asrlar osha Uning nomi ulug‘lansin! U zamon va davrlarni o‘zgartirar, Shohlarni taxtdan tushirib taxtga o‘tqazar. Donishmandlarga donolik, Oqilu fozillarga bilim berar. Pinhon saqlangan sirlarni ochar, Zulmatda yashiringan narsalarni bilar, Yorug‘lik Uning dargohida maskan topar. Ey, ota–bobolarimning Xudosi, Senga shukrlar aytib, madhlar kuylayman, Zero, donoligu qudratni menga bergan Sensan, Istagan narsamni menga ochgan Sensan, Shoh tushini bizga oshkor qilgan Sensan.” Doniyor saroy maslahatchilarini qatl qilish uchun shoh tomonidan tayinlangan Oriyoxning oldiga borib: — Hazratim, saroy maslahatchilarining jonlariga zinhor qasd qilmang, — dedi. — Meni darhol shoh huzuriga olib kiring, men shoh hazratlari ko‘rgan tushni ta’birlab beraman. Oriyox zudlik bilan Doniyorni shoh huzuriga olib kirib: — Ey, olampanoh, kaminangiz Yahudo asirlari orasidan tushingizni ta’birlab beradigan bir odamni topib keldi, — dedi. Shoh Doniyorga yuzlanib (Doniyorning boshqa ismi Beltashazar edi ): — Sen menga ko‘rgan tushimni hamda uning ta’birini aytib bera olasanmi? — dedi. Doniyor shohga shunday javob berdi: — Ey, hazrati oliylari, na saroy maslahatchisi, na munajjim, na folbin, na rammol buning uddasidan chiqa oladi. Lekin samoda shu kabi sirlarni oshkor qila oladigan bir Xudo bordir. U sizga, ey, shoh hazratlari, oxiratda bo‘ladigan narsalarni ayon qilmoqchi. Siz tushingizda ko‘rgan vahiy quyidagicha edi: Ey, olampanoh, siz uxlab, kelajak haqida bir tush ko‘rdingiz. Bu tush orqali sirlarni oshkor qiluvchi Xudo sizga kelajakda ro‘y beradigan narsalarni ayon qildi. Bu sirning menga ochilganligi esa donoligim boshqalarnikidan ziyoda bo‘lgani uchun emas, balki shohanshohim ko‘rgan tushining ta’birini bilib, uning ma’nosini tushunishlari uchundir. Ey, shoh hazratlari, tushingizda siz bahaybat bir haykal ko‘rdingiz. Oldingizda turgan o‘sha ulkan haykalning ko‘rinishi nihoyatda yarqiroq va qo‘rqinchli edi. Haykalning boshi toza oltindan, ko‘krak va qo‘llari kumushdan, beli va sonlari bronzadan, boldirlari temirdan, oyoqlarining bir qismi loydan, bir qismi temirdan edi. Unga qarab turganingizda, tog‘dan o‘z–o‘zidan uzilgan bir tosh dumalab kelib haykalning loy va temirdan bo‘lgan oyoqlariga urildi–da, ularni parcha–parcha qildi. Temir, loy, bronza, kumush va oltin parchalanib, yozgi xirmonlardagi to‘ponday bo‘ldi. Shamol ularni uchirib ketib, hech bir asar qoldirmadi. Haykalga urilgan tosh esa katta tog‘ bo‘lib, butun yer yuzini qopladi. Bu siz ko‘rgan tush edi. Endi esa shoh hazratlari tushining ta’birini eshitsinlar. Ey, shoh hazratlari, siz kabi buyuk hukmdorni dunyo hali ko‘rmagan. Samoviy Xudo sizga saltanat, kuch–qudrat va shon–shuhrat ato qilgandir. U sizga yerda yashovchi barcha insonlarni, hatto dashtdagi yovvoyi hayvonlaru osmonda uchuvchi qushlarni tobe qilgan, ular ustidan hukmronligingizni mustahkam o‘rnatgan. Tilla bosh — Sizsiz. Ammo sizdan keyin jahon sahnasiga boshqa buyuk bir shohlik chiqadi. Bu shohlik siznikidan zaifroq bo‘ladi. So‘ng haykalning bronza beli va sonlari bilan ifodalangan uchinchi shohlik hukmronlik qiladi. Undan keyin temirday qattiq to‘rtinchi shohlik bo‘ladi. Temir hamma narsani sindirib yo‘q qilganiday, o‘sha shohlik ham undan oldingi shohliklarni buzib, yo‘q qiladi. Siz haykalning oyoqlari va oyoq barmoqlari bir qismi loydan, bir qismi temirdan ekanligini ko‘rdingiz, bu bo‘lingan shohlik bo‘ladi. Loy temir bilan qorilgani uchun bu shohlikda biroz temirning kuchi bo‘ladi. Shohlik ayrim jihatdan kuchli, ayrim jihatdan zaif bo‘ladi. Temir bilan loyning qorishmasi yana shundan dalolat beradiki, o‘sha zamon hukmdorlari quda–andachilik yo‘li bilan shohliklarini mustahkam qilmoqchi bo‘ladilar, ammo temir loy bilan qovushmagani kabi, ular ham bir–biri bilan qovusha olmaydilar. O‘sha shohlarning davrida Samoviy Xudo bitmas–tuganmas bir shohlik o‘rnatadi. Hech kim uni yenga olmaydi. Bu shohlik boshqa barcha shohliklarni yer bilan yakson qilib, o‘zi abadiy turadi. Tog‘dan o‘z–o‘zidan dumalab tushib, temir, bronza, loy, kumush va oltinni parchalab tashlagan tosh o‘sha shohlikning ifodasidir. Buyuk Xudo sizga, ey, shoh hazratlari, kelajakda sodir bo‘ladigan narsalarni ayon qildi. Siz ko‘rgan tushingiz haqiqatdan ham karomatli, ta’biri esa ro‘y rostdir. Shoh Navuxadnazar muk tushib Doniyorga sajda qildi. So‘ng odamlariga Doniyor oldida nazrlar keltirib, hushbo‘y tutatqilar tutatishni buyurdi. Shoh Doniyorga dedi: — Chindan ham sening Xudoying sirlarni oshkor qiluvchi eng buyuk Xudodir, U shohlarning haqiqiy Egasidir, chunki bu sirni menga faqat sen oshkor qila olding! Shoh Doniyorni yuqori mansabga ko‘tarib, ko‘pdan–ko‘p in’omlar taqdim qildi, uni Bobil viloyatining hokimi va saroy maslahatchilarining boshlig‘i qilib tayinladi. Doniyorning iltimosiga binoan shoh Bobil viloyatining boshqaruvini Shadrax, Meshax va Abednaxuga topshirdi. Doniyorning o‘zi esa shoh saroyida xizmat qilib qoldi. Shoh Navuxadnazar sof oltindan ulkan bir haykal yasattirdi. Balandligi oltmish tirsak, eni esa olti tirsak bo‘lgan bu haykal Bobil viloyatidagi Durax tekisligida o‘rnatildi. So‘ng qo‘li ostidagi barcha noiblar, hokimlar, beklar, a’yonlar, xazinabonlar, qozilar, ma’murlar va viloyatlarning amaldorlarini chaqirtirib, o‘rnatgan haykalning ochilishida qatnashishlarini buyurdi. Bu barcha amaldorlar shoh Navuxadnazar o‘rnatgan haykalning ochilishiga yig‘ilganlarida, jarchi baland ovozda shunday e’lon qildi: “Ey, barcha xalqlar, elatlar va urug‘lar! Hozir sozandalarimiz karnay, nay, lira, chang, arfa, doira va boshqa cholg‘u asboblarini chaladilar, sizlar esa muk tushib shoh Navuxadnazar o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilasizlar. Kimki muk tushib sajda qilmasa, o‘sha zahotiyoq olovli chuqurlikka tashlanadi.” Cholg‘u asboblarining sadolarini eshitgach, barcha xalqlar, elatlar va urug‘lar muk tushib, shoh Navuxadnazar o‘rnatgan haykalga sajda qildilar. Yahudiylarni qoralash niyatida yurgan ayrim Bobilliklar uchun qulay bir vaziyat tug‘ilgan edi. Bunday fursatni boy bermaslik uchun ular shoh Navuxadnazarga shunday dedilar: “Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! Ey, shoh hazratlari, siz bergan amringizga binoan cholg‘u asboblarining sadolarini eshitgan har bir odam muk tushib oltin haykalga sajda qilishi kerak edi, shunday emasmi? Siz, amrimga itoat qilmagan har qanday kishi olovli chuqurlikka tashlanadi, deb aytgan edingiz. Ammo ayrim yahudiylar, xususan siz Bobil viloyatiga hokim qilib tayinlagan Shadrax, Meshax va Abednaxu shoh hazratlarining amriga bo‘ysunmadilar. Bu odamlar xudolaringizga sig‘inmaydilar, ular hatto siz o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilishni ham o‘zlariga ep ko‘rmadilar.” Bu xabardan g‘azablanib ketgan Navuxadnazar Shadrax, Meshax va Abednaxuni o‘z huzuriga keltirishni buyurdi. Ular shoh huzuriga keltirilganda, Navuxadnazar ularga dedi: — Shadrax, Meshax va Abednaxu, sizlar mening xudolarimga sig‘inmaganingiz va men o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilmaganingiz to‘g‘risida xabar topdim. Ammo men sizlarga lutf aylab yana bir imkoniyat beraman. Hozir cholg‘u asboblarining sadolarini eshitishingiz bilanoq, muk tushib men o‘rnatgan haykalga sajda qilasizlar. Aks holda o‘sha zahotiyoq olovli chuqurlikka tashlanasizlar. Shunda sizlarni mening qo‘limdan bironta xudo ham qutqara olmaydi! Shadrax, Meshax va Abednaxu shohga shunday javob berishdi: — Ey, olampanoh, bu masalada biz o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz. Biz sig‘inadigan Xudo bizni olovli chuqurlikdan ham, sizning qo‘lingizdan ham qutqarishga qodir. Ammo U bizni qutqarmagan taqdirda ham, bilib qo‘yingki, ey, shoh hazratlari, biz hech qachon xudolaringizga sig‘inmaymiz, siz o‘rnatgan oltin haykalga ham sajda qilmaymiz. Shadrax, Meshax va Abednaxuning bunday javobi Navuxadnazarning qonini qaynatdi. Uning afti–basharasi burishib ketdi. U olovni odatdagidan yetti barobar qattiqroq yondirishni buyurdi. So‘ng lashkarlarining orasidagi eng kuchli polvonlarga Shadrax, Meshax va Abednaxuni bog‘lab, olovli chuqurlikka tashlashni amr qildi. Polvonlar ularni bog‘lab, ustki kiyimi, ishtoni, bosh kiyimi, xullas, butun ust–boshi bilan olovli chuqurlikka tashladilar. G‘azablangan shoh qattiq olov yondirishni buyurgani uchun, alanga avjiga chiqqan edi. Olovning tafti uch og‘aynini chuqurlikka tashlayotgan polvonlarni kuydirib yubordi. Shadrax, Meshax va Abednaxu esa bog‘langan holda olovli chuqurlikka yiqildilar. Buni tomosha qilib turgan shoh Navuxadnazar birdaniga o‘rnidan sapchib turdi–da, hayrat ichra maslahatchilariga: — Biz chuqurlikka uchta bog‘langan odamni tashlamaganmidik? — deb hayqirib yubordi. — Xuddi shunday, shoh hazratlari, — deb javob berdi ular. — Vo ajabo! Alanganing o‘rtasida bog‘lanmagan to‘rtta odam yuribdi–ku, — dedi shoh. — Ularning birortasiga ham zarar yetmagan. To‘rtinchi kimsa xuddi ilohiy zotga o‘xshaydi–ya! Navuxadnazar chuqurlikning og‘ziga borib: — Shadrax, Meshax va Abednaxu, ey, Xudoyi Taoloning xizmatkorlari, qani, chiqinglar! Oldimga kelinglar! — deb baqirdi. Shadrax, Meshax va Abednaxu alanga orasidan chiqishdi. Barcha noiblar, hokimlar, beklar va shoh a’yonlari Shadrax, Meshax va Abednaxuni o‘rab olib, olov o‘sha odamlarga hech qanday ziyon yetkazmaganligini ko‘rishdi. Ularning na sochlari kuygan, na ustki kiyimlariga zarar yetgan, ulardan hatto tutun hidi ham kelmas edi. Navuxadnazar dedi: “Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga hamdu sanolar bo‘lsin! U o‘z farishtasini yuborib, O‘ziga inongan qullarini xalos qildi. Ular o‘z Xudosidan boshqa bo‘lgan xudolarga sig‘inishdan ko‘ra, o‘limni ravo ko‘rdilar, shu bois shohning amriga ham bo‘ysunmadilar. Shuning uchun farmonim quyidagichadir: Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga shak keltirgan har bir odam qaysi xalq, elat yoki urug‘ga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar chopib, tashlanadi, uning uyi esa vayron qilinadi. Zero, bunday najot beradigan boshqa xudo yo‘qdir.” Keyin shoh Shadrax, Meshax va Abednaxuning martabasini yanada oshirib, ularni Bobil viloyatidagi yuqori lavozimlarga ko‘tardi. Shoh Navuxadnazar yer yuzidagi barcha xalqlar, elatlar va urug‘larga quyidagi xabarni yubordi: “Xonadoningizdan baraka arimasin! Xudoyi Taolo menga ko‘rsatgan alomatu mo‘jizalari haqida sizlarni xabardor qilmoqchiman. Naqadar buyukdir Uning alomatlari! Naqadar qudratli mo‘jizalari! Uning shohligi — mangu shohlik bo‘lur, U abadiy hukmronlik qilur. Men, Navuxadnazar, o‘z uyimda xotirjam, shohona saroyimda rohat–farog‘atda yashayotgan edim. Ammo bir kuni kechasi ko‘rgan tushim yuragimga allaqanday vahima soldi. Bu tushim meni dahshatga tushirgan edi. Men tushimning ta’birini bilishni istab, Bobildagi hamma saroy maslahatchilarini huzurimga keltirishni buyurdim. Qoshimda hozir bo‘lgan folbin, munajjim, afsungar va rammollar tushimni eshitdilar–u, ammo uni ta’birlay olmadilar. Nihoyat, Doniyor keldi (uning Beltashazar degan ismi men sig‘inadigan xudoning ismi bilan hamohangdir ). Doniyor muqaddas xudolarning ruhi bilan to‘ladir. Men unga tushimni aytib berdim: — Ey, Beltashazar, folbinlarning boshlig‘i, senda muqaddas xudolarning ruhi borligi menga ayon, har qanday sir senga oshkordir. Ko‘rgan tushimning ta’birini menga aytib ber. Tushimda men dunyoning qoq o‘rtasida o‘sayotgan bir daraxtni ko‘rdim. U nihoyatda ulkan edi. Daraxt o‘sib borib uchi bilan osmonga yetdi. Daraxtni dunyoning to‘rt burchagidan turib ko‘rsa bo‘lar edi. Uning yaproqlari nihoyatda chiroyli, mo‘l mevalari butun dunyoni ta’min qilar edi. Yovvoyi hayvonlar uning tagida pana topar, osmondagi qushlar shoxlarida in qurar, yer yuzidagi barcha mavjudot undan oziqlanar edi. Men to‘shagimda yotib, kelgan vahiyni tomosha qilayotganimda, osmondan kuzatuvchi bir farishta tushib keldi. U ovozini baland qilib shunday dedi: “Daraxtni yiqitinglar, shoxlarini chopib tashlanglar, yaproqlarini uzib, mevalarini sochib yuboringlar. Tagidagi hayvonlarni haydanglar, shoxlardagi qushlarni uchiringlar. Ammo daraxtning to‘nkasi va ildizlariga tegmanglar, ularni temir va bronza bilan zanjirlab, mayin dasht o‘tlari orasida qoldiringlar. Daraxt timsolidagi bu odam osmondan tushgan shudringga cho‘milsin, yovvoyi hayvonlar bilan yashab, nasibasini dasht o‘tlari orasidan terib yesin. Undan inson ongi olib tashlansin. U yetti yil mobaynida ongsiz hayvonday yashasin. Bu hukmni kuzatuvchi farishtalar chiqarishdi, toki har bir mavjudot Xudoyi Taoloni inson saltanatining yagona Hukmdori deb bilsin. U shohlikni xohlagan odamiga berar, xokisor qashshoqni taxtga o‘tqazar.” Men, Navuxadnazar, ko‘rgan tushim mana shudir. Endi sen, Beltashazar, menga uning ta’birini aytib ber, chunki saroy maslahatchilari tushimni ta’birlay olmadilar. Sen esa buning uddasidan chiqasan, chunki senda muqaddas xudolarning ruhi bor. So‘ng Beltashazar, ya’ni Doniyor bir qancha vaqt o‘ziga kelolmay turdi. Mening tushim uni dahshatga tushirar edi. — Beltashazar, tushim va uning ta’biri seni dahshatga solmasin, — dedim unga men. — Hazratim, — deb gapini boshladi Beltashazar. — Iloyim, bu tushingiz va uning ta’biri dushmanlaringiz boshiga tushsin! Siz, uchi osmon bilan o‘pishgan baland bir daraxtni ko‘rdingiz. Bu daraxt shu qadar ulkan ediki, uni dunyoning to‘rt burchagidan turib ko‘rsa bo‘lar edi. Uning yaproqlari nihoyatda chiroyli, mo‘l mevalari butun dunyoni ta’min qilar edi. Tagida yovvoyi hayvonlar yashar, osmondagi qushlar shohlarida in qurar edi. O‘sha ulkan daraxt — sizsiz, ey, shoh hazratlari! Siz yer yuzida hokimiyatingizni o‘rnatib, shuhratingizni osmonu falaklarga yoygansiz. Tushingizda siz, ey, hazrati oliylari, osmondan tushib kelayotgan kuzatuvchi farishtani ham ko‘rdingiz. Farishta: “Daraxtni yiqitib, yo‘q qilinglar”, deb buyruq berdi. “Ammo to‘nka va ildizlariga tegmanglar, ularni temir va bronza bilan zanjirlab, dasht o‘tlari orasida qoldiringlar. Yetti yil davomida u osmondan tushgan shudringga cho‘milib, yovvoyi hayvonlar bilan birga yashasin.” Tush ta’biri shundaydir: Xudoyi Taoloning amriga muvofiq bularning barchasi kelajakda boshingizga tushadi. Siz insonlar jamiyatidan haydalib, yovvoyi hayvonlar orasida yashaysiz. Xudoyi Taolo inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini anglab yetmaguningizcha yetti yil davomida molga o‘xshab o‘t yeb, osmondan tushgan shudringga cho‘milasiz. Ammo daraxt to‘nkasi va ildizlari qoldirilganligi shundan dalolat beradiki, siz Xudoni Oliy Hukmdor sifatida tan olganingizdan keyin, shohligingiz qayta tiklanadi. O‘tinaman sizdan, ey, shoh hazratlari, maslahatimni rad etmang: gunohlaringizdan yuz o‘girib, to‘g‘rilikni mahkam tuting, yomon qilmishlaringizdan voz kechib, ezilganlarga iltifot qiling. Kim bilsin, balki shunda davlatingiz ravnaqi davom etar. Bularning hammasi mening boshimga tushdi. O‘n ikki oylardan keyin, men, Navuxadnazar, Bobildagi saroyimning tomida sayr qilib yurgan edim. Shunda shaharga nazar tashlab: — O‘z qudratim bilan qurdirgan shohona poytaxt Bobilni bir ko‘rib qo‘yinglar–a! — dedim, — cheksiz kuchim va dabdabali ulug‘vorligim bu shaharda aks ettirilgan. Bu so‘zlar og‘zimdan chiqib ulgurmagan ham ediki, osmondan bir ovoz keldi: — Ey, shoh Navuxadnazar, gapimga quloq sol! Sen taxtingdan tushirilding! Sen insonlar jamiyatidan haydalib, yovvoyi hayvonlar bilan yashaysan. Xudoyi Taolo — inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini uqmaguningcha, yetti yil davomida molga o‘xshab o‘t yeb yurasan. Menga aytilgan bu karomatli so‘zlar o‘sha zahotiyoq amalga oshdi. Men insonlar jamiyatidan haydaldim. Mol kabi o‘t yeb, osmondan tushgan shudringga cho‘mildim. Sochlarim burgut qanotlariday uzun, tirnoqlarim qushning changallariday bo‘lguniga qadar, hayotim shu zaylda davom etdi. Belgilangan muddat tugagach, men ko‘zimni osmonga tikdim, o‘sha zahotiyoq es–hushim o‘zimga qaytib keldi. Men Xudoyi Taologa shukronalar aytdim, mangu yashovchini olqishlab, ulug‘ladim: Zero, abadiydir Uning hukmronligi, Avlodlar oshadir Uning shohligi. Yerdagi insonlar Uning nazdida hech narsadaydir, Insonlaru malaklarga U hukmini o‘tkazgaydir. Biror kimsa Unga bas kela olmas, “Nima qilyapsan?” — deb so‘rashga jur’at etmas. Es–hushim qaytib kelganidan so‘ng, shohligim, obro‘–e’tiborim hamda shuhratim tiklandi. Maslahatchi va beklarim meni qidirib kelishdi. Men qayta taxtga o‘tirdim, ulug‘vorligim esa oldingidan ham oshdi. Endi men, Navuxadnazar, Samoviy Shohga hamdu sanolar aytaman, Uni olqishlab, ulug‘layman. Uning hamma ishlari to‘g‘ri, chiqargan hukmlari adolatlidir, U dimog‘i shishganlarning popugini pasaytirishga qodirdir.” Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni shoh Belshazar mingta begi uchun katta bir ziyofat uyushtirib, ular bilan mayxo‘rlik qilayotgan edi. Shirakayf bo‘lib qolgan shoh: “Katta bobom Navuxadnazar Quddusdagi Ma’baddan olib kelgan oltin va kumush qadahlar keltirilsin!” — deb buyurdi. Shoh beklari, xotinlari va kanizaklari bilan o‘sha qadahlardan sharob ichmoqchi edi. Quddusdagi Ma’bad, ya’ni Xudoning uyidan olib kelingan oltin qadahlar bazmxonaga keltirildi. Shohning o‘zi, uning beklari, xotinlari va kanizaklari qadahlardan sharob ichishdi. Ular ichib, oltin, kumush, bronza, temir, yog‘och va toshlardan qilingan xudolarni olqishlar edilar. To‘satdan odam qo‘lining panjasi paydo bo‘lib, shoh saroyining devorlaridagi suvoqning ustida yoza boshladi. Saroy chiroqlari devorning o‘sha qismini yaxshi yoritib turgani uchun, shoh yozayotgan qo‘l panjasini ko‘rib qoldi. Shoh ko‘rgan bu narsadan dahshatga tushib, bo‘zarib ketdi. Uning qo‘llari bo‘shashib, tizzalari titray boshladi. Shoh baqirib, munajjim, afsungar va rammollarni keltirishni buyurdi. Ular hozir bo‘lganlarida, shoh shunday dedi: “Kim bu yozuvni o‘qib, uning ma’nosini menga tushuntirib bersa, men o‘sha odamning ustiga shohona safsar to‘n kiygizaman, bo‘yniga oltin zanjir taqib, chap qo‘l vazirim qilib tayinlayman.” Shohning bu maslahatchilari ichkariga kirganlaridan keyin ham yozuvni o‘qiy olmadilar, uning ma’nosini ham tushuntirib bera olmadilar. Bundan qattiq vahimaga tushgan shoh Belshazarning rangida rang qolmadi, beklari esa talmovsirab qolishdi. Ichkaridagi shovqin–suronni eshitib, bazmxonaga kirgan ona malika: “Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedi. — Shohim, shunchalik ham qo‘rqasizmi, qarang, axir, rangingizda rang qolmadi–ku! Sizning shohligingizda muqaddas xudolarning ruhiga to‘lgan bir odam bor. Katta bobongiz davrida bu odam idrokli, zehni o‘tkir va xudolar kabi dono deb tan olingan edi. Katta bobongiz — shoh Navuxadnazar uni folbin, munajjim, afsungar va rammollarning boshlig‘i qilib tayinlagan edilar. Doniyor ismli bu odam tushlarni ta’birlashda, sirlarni ochishda va jumboqlarni yechishda g‘ayritabiiy qobiliyat, bilim va fahm–farosatga egadir. Katta bobongiz uni Beltashazar deb atagan edi. Shohim, buyuring, Doniyorni bu yerga keltirishsin, u sizga bu yozuvning ma’nosini tushuntirib bergay.” Doniyor shoh huzuriga keltirildi. Shoh Doniyordan: — Katta bobom Yahudodan asir qilib olib kelgan Doniyor senmisan? — deb so‘radi. — Seni xudolar ruhi bilan to‘lgan, idrokli, zehni o‘tkir va dono, deb eshitdim. Men maslahatchilar va munajjimlarni huzurimga chaqirtirib, ularga mana bu yozuvni o‘qib, ma’nosini tushuntirib berishni buyurgan edim. Ammo ularning birontasi ham buning uddasidan chiqa olmadi. Sen esa jumboqlarni yechib, ularni tushuntira olishingni eshitganman. Agar sen hozir bu yozuvni o‘qib, uning ma’nosini menga tushuntirib bersang, men sening ustingga shohona safsar to‘n kiygizaman, bo‘yningga oltin zanjir taqib, chap qo‘l vazirim qilib tayinlayman. Doniyor shoh huzurida shunday javob berdi: — Ey, olampanoh, rahmat, sovg‘alaringiz o‘zingizda qolaversin yoki ularni boshqa birovga bera qoling. Men bu yozuvni shundoq ham o‘qib, uning ma’nosini tushuntirib beraman. Ey, shoh hazratlari, Xudoyi Taolo katta bobongiz Navuxadnazarni buyuk bir saltanatning taxtiga o‘tqazib, shuhratini ro‘yi zaminga yoygandir. Xudo unga bergan ulug‘vorligi tufayli hamma odamlar — qaysi xalq, elat va urug‘dan bo‘lishlaridan qat’iy nazar, katta bobongizdan qo‘rqib qaltirar edilar. U xohlagan odamni o‘ldirar, xohlaganini tirik qoldirar, yuksaltirmoqchi bo‘lganini yuksaltirar, xor qilmoqchi bo‘lganini oyoq osti qilar edi. Ammo mag‘rurlanib, o‘jarligi ila ish tuta boshlaganda shohona taxtidan tushirilib, ulug‘vorligidan mahrum qilingan edi. U insonlar jamiyatidan haydalib, ongsiz hayvonday bo‘lib qolgandi. Yovvoyi eshaklar bilan yashab, mol singari o‘t bilan oziqlangan va osmondan tushgan shudringga cho‘milgandi. Oxiri katta bobongiz Xudoyi Taolo — inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini tan olgan edi. Ammo siz, ey, shoh Belshazar, katta bobongizning boshidan o‘tgan bu voqealardan xabardor bo‘la turib Xudoga bo‘ysunmadingiz! Siz haddingizdan oshib, Samoviy Xudoga qarshi bosh ko‘tardingiz! Xudo Ma’badining qadahlarini huzuringizga keltirib, beklaringiz, xotinlaringiz va kanizaklaringiz bilan mayxo‘rlik qildingiz. Hech narsa ko‘rmaydigan, hech narsa eshitmaydigan, hech narsa bilmaydigan oltin, kumush, bronza, temir, yog‘och va toshdan yasalgan xudolarni madh ayladingiz. Ammo sizga hayot beruvchi va oxiratingizni belgilovchi Xudoni ulug‘lamadingiz. Shuning uchun Xudo qo‘l panjasini yuborib quyidagi so‘zlarni yozdirdi: MENE, MENE, TEKEL va PARSIN. Buning ma’nosi quyidagicha: MENE, ya’ni “hisob”, — Xudo hukmronlik vaqtingizni hisoblab chiqib, shohligingizga yakun yasadi. TEKEL, ya’ni “tortilgan”, — siz tarozida tortilib, hukmronlik qilishga nomunosib bo‘lib chiqdingiz. PERES, ya’ni “bo‘lingan”, — shohligingiz bo‘linib, Midiyaliklar va Forslarga berildi. So‘ng Belshazar bergan amrga binoan, Doniyorga shohona safsar to‘n kiydirilib, bo‘yniga oltin zanjir taqildi va u shohning chap qo‘l vaziri deb e’lon qilindi. Xuddi o‘sha kuni kechasi Bobil shohi Belshazar o‘ldirildi. Taxtga esa oltmish ikki yoshli Midiyalik Doro o‘tirdi. Shoh Doro butun shohligidagi yerlarni 120 viloyatga bo‘lib, har bir viloyat ustidan noib tayinlashga qaror qildi. Noiblarni nazorat qilish uchun esa uchta amirni tayinladi, ularning biri Doniyor edi. Shohni urintirmaslik uchun ular noiblardan barcha hisobotni olishlari kerak edi. Doniyor boshqa amiru noiblarga qaraganda o‘z ishini yuksak mahorat bilan bajarar edi. Shuning uchun shoh butun saltanat boshqaruvini Doniyorga topshirishni rejalashtirib qo‘ygandi. Buni ko‘ra olmagan amiru noiblar qildan qiyiq axtarib, Doniyorning boshqaruv ishlaridagi nuqsonlarni topishga harakat qilishdi. Ammo Doniyor o‘z ishini puxta bajarib, hech qanday mas’uliyatsizlik va nohaqlikka yo‘l qo‘ymaganligi uchun uni ayblashga biron–bir bahona ham topa olmadilar. Oxiri ular bir–birlariga shunday dedilar: “Doniyorni faqatgina o‘z Xudosining qonuni bilan bog‘liq bo‘lgan holda ayblashimiz mumkin, bundan boshqa choramiz yo‘qqa o‘xshaydi.” Shunda amiru noiblar shohning huzuriga borib: “Shoh Doro hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedilar. — Shohlikning barcha amirlari, beklari, noiblari, a’yonlari va hokimlari shunday deb kelishdilar: shohimiz farmon joriy qilsinlar. Ey, shoh hazratlari, bu farmon bo‘yicha hamma odam o‘ttiz kun mobaynida faqatgina sizga sajda qilsin. Kimki boshqa bir xudo yoki odamga sajda qilsa, sherlar uyasiga tashlansin. Bu farmon qat’iy ravishda amalga oshirilsin. Ey, shoh hazratlari, farmon chiqarib uni imzolang. Bu farmoningiz Midiya va Fors qonunlariga binoan o‘zgarmas bo‘lsin.” Shoh Doro farmonni imzoladi. Doniyor farmon imzolanganligini bila turib uyiga bordi. Boloxonasiga chiqib, har doim qilganiday, kuniga uch mahal tiz cho‘kib Xudoga iltijo qildi, Uni madh etib ulug‘ladi. Boloxonaning derazalari esa Quddus tomon ochilgan edi. Amaldorlar bir to‘da bo‘lib Doniyorning uyiga borganlarida, Doniyor o‘z Xudosiga iltijo qilayotganini ko‘rib qoldilar. Ular zudlik bilan bu haqda shohni xabardor qilish uchun shoh qoshiga bordilar. — Ey, shoh hazratlari! — deya murojaat qildi ular. — Siz farmon chiqarib, kimki o‘ttiz kun ichida mendan boshqa bironta xudo yoki odamga sajda qilsa, sherlarning uyasiga tashlanadi, deb aytmaganmidingiz? — Ha, chiqargan bu farmonim Midiya va Fors shohligining qonunlariga binoan, qat’iydir, — deya javob berdi shoh. — Ey, shoh hazratlari, Yahudo asirlaridan bo‘lmish Doniyor sizni ham, siz chiqargan farmoningizni ham mensimay, kuniga uch marta o‘z Xudosiga iltijo qilyapti, — dedi ular. Shoh buni eshitgach, qattiq tashvishga tushdi. U Doniyorni saqlab qolish niyatida kun botgunga qadar, qo‘lidan kelganicha harakat qildi. Ammo amaldorlar shohning oldiga kelib: — Shoh hazratlari, Midiya va Fors qonunlariga binoan, siz chiqargan har bir farmon o‘zgarmas ekanligini esingizda tuting, — dedilar. Shoh Doniyorni sherlarning uyasiga tashlashni buyurdi. Doniyorning o‘ziga esa: “Seni Xudoying qo‘liga topshirdim, sen doim sajda qiladigan o‘sha Xudo seni asrasin”, — dedi. Tosh keltirilib, chuqurlikning og‘zi berkitib qo‘yildi. Hech kim Doniyorni sherlardan qutqara olmasin, deb shoh o‘zining va amaldorlarining tamg‘alari bilan toshni muhrlab qo‘ydi. So‘ng saroyiga qaytib, kechasi bilan ro‘za tutdi. Kechqurungi vaqti chog‘lik ham ko‘ngliga sig‘may, tuni bilan uxlamay chiqdi. Ertasi kuni tong otgach, shoh shosha–pisha sherlar uyasi tomon yugurdi. U yerga borgach: — Hoy Doniyor, barhayot Xudoning xizmatkori! — deya kuyinib xitob qildi u. — Sen doimo sajda qilib yurgan Xudoying seni sherlardan qutqara oldimi? — Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedi shohga Doniyor. — Xudoyimning nazarida begunoh bo‘lganim uchun, U farishtasini yuborib sherlarning og‘izlarini berkitib qo‘ydi va sherlar menga hech qanday zarar yetkazmadilar. Sizning oldingizda ham, ey, shoh hazratlari, men biron bir aybli ish qilgan emasman. Xursandchiligi ichiga sig‘magan shoh Doniyorni chuqurlikdan chiqarishni buyurdi. Doniyorni chuqurlikdan chiqargan odamlar unga hech qanday zarar yetmaganini ko‘rishdi, chunki Doniyor Xudoga inongan edi. Shohning buyrug‘iga binoan, Doniyorni qoralagan odamlarni xotinu bola–chaqalari bilan birga sherlar uyasiga tashladilar. Ular chuqurlikning tubiga yetmagan ham ediki, sherlar ularga tashlanib g‘ajib tashlashdi. Shoh Doro butun dunyo bo‘ylab barcha xalqlar, elatlar va urug‘larga shunday maktub yo‘lladi: “Xonadoningizdan baraka arimasin! Shohligimdagi barcha odamlar Doniyorning Xudosidan qo‘rqib titrasin, chunki U barhayot va mangu Xudodir. Uning shohligi aslo qulamas, Hukmronligi hech ham tugamas, Najotkoru Xaloskor Udir. Yeru ko‘kda alomatu mo‘jizalar ko‘rsatgan, Udir Doniyorni sherlardan qutqarib olgan.” Shoh Doro va Fors shohi Kurushning hukmronlik davrlarida Doniyorning martabasi yana ham oshdi. Bobil shohi Belshazar hukmronligining birinchi yilida Doniyor bir tush ko‘rdi. U ko‘rgan tushi haqida shunday yozdi: “Men tushimda bir vahiy ko‘rdim. Osmonning to‘rt tomonidan esayotgan qattiq shamol ulkan bir dengizni to‘lqinlantirayotgan edi. O‘sha dengizdan bir–biriga o‘xshamaydigan to‘rtta bahaybat maxluq chiqdi. Birinchisi sherga o‘xshagan edi, uning burgut qanotlariga o‘xshagan qanotlari bor edi. Men maxluqni tomosha qilib turgan edim, birdaniga qandaydir bir kuch uning qanotlarini uzib tashladi, o‘zini esa ko‘tarib odamzodga o‘xshatib ikki oyog‘ida turg‘izib qo‘ydi. O‘sha maxluqqa inson ongi berilgan edi. Ikkinchi maxluq ayiqqa o‘xshar edi. U og‘ziga uchta qovurg‘a suyaklarini tishlab olgan edi. U hamlaga shaylana boshlaganda, unga shunday buyruq berildi: — Qani, ol, to‘yguningcha go‘sht ye! So‘ng qoplonga o‘xshagani paydo bo‘ldi. Bu maxluqning to‘rtta boshi va orqasida qush qanotiga o‘xshagan to‘rtta qanoti bor edi. Unga hukmronlik qilish huquqi berilgan edi. Bundan keyin tundagi vahiyda men qo‘rqinchli, dahshatli va benihoya kuchli bo‘lgan to‘rtinchi maxluqni ko‘rdim. U o‘z qurbonlarini temir tishlari bilan g‘ajib, parchalab tashlardi. Qoldiqlarini esa oyoqlari bilan bosib ezardi. Uning o‘nta shoxi bo‘lgani uchun, u oldingi maxluqlardan ajralib turar edi. Men maxluqning shoxlarini tomosha qilib turganimda, ularning orasidan o‘sib chiqayotgan yana bir shoxchani ko‘rdim. Unga joy berish uchun oldingi o‘nta shoxdan uchtasi tag–tugi bilan uzilib tushdi. Bu yangi o‘sib chiqqan shoxning inson ko‘zlariga o‘xshagan ko‘zlari va takabburona gapiradigan og‘zi bor edi. Men taxtlarning joy–joyiga o‘rnatilganini tomosha qilib turdim, Azaliy Nuroniy o‘z joyiga o‘tirdi. Uning kiyimi qorday oq, sochlari esa oppoq momiqday edi. Uning taxti otashin alanga, taxtining g‘ildiraklari lovullagan olov edi. Uning huzuridan olovli daryo oqib chiqdi. Minglar Unga xizmat qilar edi, million–millionlar amriga muntazir edi. Sud majlisi boshlandi, hamma kitoblar ochildi. Kichkina shoxning kibrlanib shang‘illashi mening e’tiborimni tortgan edi. Men uni tomosha qilayotganimda o‘sha to‘rtinchi maxluq o‘ldirildi, uning jasadi olovga tashlanib, kuydirib yuborildi. Qolgan maxluqlarga kelsak, ularning hukmronligi yo‘q qilindi, ammo hayotlari ma’lum bir vaqtgacha saqlab qolindi. Tunda kelgan o‘sha vahiyda men osmon bulutlarida kelayotgan inson qiyofasidagi bittasini ko‘rdim. U Azaliy Nuroniy oldiga keldi. Unga hukmronlik, ulug‘vorlik va shohlik berildi. Barcha xalqlar, elatlar va urug‘lar unga bo‘ysunishdi. Uning hukmronligi bitmas–tuganmas, abadiy hukmronlikdir. Uning shohligi hech qachon buzilmasdir. Men ko‘rgan bu vahiy yuragimga g‘ulg‘ula solib, allanechuk vahimaga tushirgan edi. Men taxt yonida turganlarning bittasiga yaqinlashib, bularning hammasini tushuntirib berishini so‘radim. U menga vahiyning ma’nosini ochib, dedi: — Sen ko‘rgan to‘rtta maxluq — bu yer yuzida hukmronlik qiladigan to‘rtta shohlikdir. Ammo Xudoyi Taoloning aziz odamlari shohlikni qabul qilib, unga to abad ega bo‘ladilar. Men to‘rtinchi maxluq haqida ko‘proq ma’lumot olishni xohlar edim, chunki u boshqa maxluqlardan ajralib turar edi. Temir tishlari va bronza changallari bo‘lgan bu badbashara maxluq qurbonlarini g‘ajib tilka–pora qilar, qoldiqlarini bosib ezardi. Uning boshidagi o‘nta shoxi, ayniqsa yangi o‘sib chiqqan shox meni juda qiziqtirib qolgan edi. O‘sha shox o‘sib chiqayotganda o‘rnidagi uchta shoxni tushirib yuborgan edi. Ko‘zlari va kibrlanib gapiradigan og‘zi bo‘lgan bu shox boshqa shoxlarga qaraganda ko‘proq ahamiyatga egaday bo‘lib ko‘rinar edi. Bundan tashqari, vahiyda men o‘sha shoxning Xudoning aziz odamlari bilan jang qilayotganini va ularni yengayotganini ko‘rgan edim. Shu orada Azaliy Nuroniy kelib, O‘zining aziz odamlari foydasiga hukm chiqardi. Xudoning aziz odamlari uchun shohlikni o‘z tasarrufiga olish vaqti yetib kelgan edi. Suhbatdoshim menga shunday dedi: — To‘rtinchi maxluq — bu yer yuzida hukmronlik qiladigan to‘rtinchi shohlikning timsolidir. Bu shohlik boshqa shohliklardan ajralib turadi. U butun dunyoni g‘ajib, ezib parcha–parcha qiladi. Maxluqning o‘nta shoxi — shohlikni boshqaradigan o‘nta shohdir. Keyinchalik taxtga yangi bir shoh o‘tiradi. Bu shoh oldingi o‘nta shohdan ajralib turadi va uchta shohni taxtdan tushiradi. U kufr ketib, Xudoyi Taoloning aziz odamlarini ayovsiz ezadi. Muqaddas bayramlar va qonunlarni o‘zgartirishga urinadi. Xudoning aziz odamlari uch yarim yil davomida, o‘sha shohning zulmi ostida bo‘ladilar. Bu muddat tugagach, samoda sud majlisi boshlanadi. Zolim shoh taxtdan tushirilib, butunlay yo‘q qilinadi. Xudoyi Taoloning aziz odamlariga esa shohlik, hukmronlik va yer yuzidagi barcha saltanatlarning ulug‘vorligi beriladi. Hamma hukmdorlar ularga bo‘ysunib, xizmat qiladilar, ularning shohligi abadiy shohlik bo‘ladi. Ko‘rgan, eshitganlarim mana shudir. Bu tushimdan shu qadar vahimaga tushgan edimki, rangimda rang qolmagan edi. Ammo bular to‘g‘risida og‘iz ochmay, hammasini ichimga yutdim.” Doniyor shunday deb yozdi: “Shoh Belshazar hukmronligining uchinchi yilida menga yana bir vahiy keldi. Bu vahiyda men Elam viloyatidagi Shushan qal’asida, Uloy daryosining bo‘yida turgan ekanman. Men daryo bo‘yida bir qo‘chqor turganini ko‘rdim. Uning ikkita uzun–uzun shoxlari bor ekan. Ikkinchi bo‘lib chiqqan shox birinchisiga qaraganda uzunroq ekan. Qo‘chqor o‘zini g‘arb, shimol va janubga urib, yo‘lida duch kelgan hamma narsani suzar edi. Hech qanday hayvon unga bas kela olmas, uning qurbonlarini qutqara olmas edi. Qo‘chqor xohlagan ishini qilar, kuchi tobora oshib borar edi. Buni tomosha qilib turganimda, g‘arb tomondan bir taka ko‘rindi. Yelday uchib kelayotgan bu takaning tuyoqlari go‘yo yerga tegmayotganday tuyular edi. Uning ko‘zlari orasida ulkan bir shox bor edi. U quturganicha qo‘chqor tomon yugurdi–da, qahr–g‘azab bilan unga tashlanib, suzdi. Takaning zarbasi zo‘rligidan, qo‘chqorning ikkala shoxi sinib tushdi. Qo‘chqor takaga bas kela olmadi. Taka uni yerga yiqitib toptadi, hech kim qo‘chqorni undan qutqara olmas edi. Taka nihoyatda kuchayib ketdi, ammo kuch–qudrat cho‘qqisida uning ulkan shoxi sinib tushdi. Sinib tushgan shoxning o‘rniga dunyoning to‘rt tomoniga qayrilgan to‘rtta katta shox o‘sib chiqdi. Ularning biridan yana bitta shoxcha chiqdi. Uning kuch–qudrati oshib, janub, sharq va go‘zal Isroil o‘lkasi tomon yoyildi. Qudrati osmonu falakka yetgan bu shox samoviy lashkarlarga hujum qildi. Samoviy lashkarlar bo‘lmish yulduzlarning ayrimlarini yerga tushirib toptadi. Hatto samoviy lashkarning sarkardasini mensimay, unga keltiriladigan kundalik qurbonliklarni to‘xtatdi. Ma’badni esa vayron qilib, samoviy lashkarlarni mag‘lub qildi. Kundalik qurbonliklar o‘rniga haddan tashqari jirkanch bir narsani o‘rnatdi. Haqiqatni oyoq osti qilgan bu shox har bir ishida muvaffaqiyat qozonar edi. Keyin men farishtalar o‘zaro gaplashayotganini eshitib qoldim. Ularning biri boshqasidan shunday deb so‘raganini eshitdim: — Vahiydagi bu narsalar qachongacha davom etar ekan–a? Qachongacha bu jirkanch narsa kundalik qurbonliklar o‘rnini egallaydi? Qachongacha Ma’bad va samoviy lashkarlar oyoq osti bo‘ladi? Sherigi unga shunday javob berdi: — Bunday ahvol 2300 kechayu kunduz davom etadi. O‘sha vaqt mobaynida qurbonliklar keltirilmaydi. Shundan so‘ng Ma’bad poklanib, asl holiga qaytariladi. Men ko‘rgan vahiyning mag‘zini chaqmoqchi bo‘lib, boshimni qotirib turganimda, birdaniga oldimda odam qiyofasidagi allakim paydo bo‘ldi. Shu paytda men Uloy daryosi tomonidan: — Ey, Jabroil, bu odamga vahiyning ma’nosini tushuntirib ber, — deb xitob qilayotgan inson ovozini eshitdim. Jabroil menga yaqinlashganda, men qo‘rqqanimdan yuz tuban yerga yiqilib tushdim. Ammo u menga: — Tushungin, ey, banda, bu oxirzamon vahiysi, — dedi. U gapirayotganda men hushimdan ketib, yuz tuban yerda cho‘zilib yotgan edim. Ammo u qo‘lini tekkizib, meni turg‘izib qo‘ydi–da, shunday dedi: — Eshit, men senga oxirzamon paytida sodir bo‘ladigan narsalarni ayon qilaman, o‘sha davrda Xudo o‘z g‘azabini yer yuziga sochishni belgilagandir. Sen ko‘rgan ikki shoxli qo‘chqor — bu Midiya va Fors shohliklaridir. Taka esa Yunoniston shohligidir. Ko‘zlarining orasidagi ulkan shox — bu Yunoniston taxtida o‘tiradigan birinchi shohdir. Sinib tushgan shoxning o‘rniga chiqqan to‘rtta shox — Yunoniston to‘rt qismga bo‘linishini bildiradi. Taxtga o‘tirgan to‘rtta shoh oldingi shohga qaraganda zaifroq bo‘ladi. Ularning hukmronlik paytlari oxirlab, gunohlari to‘lib–toshganda, makr–hiylaga usta, vajohati xunuk bir shoh taxtga o‘tiradi. U nihoyatda kuchayib ketadi, biroq o‘zining kuchi bilan emas. U hamma yoqni vayron qilib, barcha ishlarida muvaffaqiyat qozonadi. Zabardast yo‘lboshchilaru Xudoning aziz odamlarini qirib tashlaydi. Ustalik bilan ishlatgan makkorligi tufayli ko‘p yutuqlarga erishadi. Ko‘zini yog‘ bosgan bu shoh ogohlantirmasdan ko‘p odamlarni halok qiladi. U hatto eng buyuk Shohga qarshi bosh ko‘taradi. Oqibatda esa yo‘q qilib tashlanadi, ammo bu insonning kuchi bilan qilinmaydi. Doniyor, men hozir senga tushuntirib bergan ertalabki va kechqurungi qurbonliklarga oid bo‘lgan bu vahiy albatta amalga oshadi. Sen vahiyni sir tutgin, chunki bu uzoq kelajakka oid narsadir. Bu voqeadan so‘ng tobim qochib, bir necha kun betob bo‘lib yotdim. Keyin turib shohning xizmatiga qaytdim. Ammo vahiy meni tamomila esankiratib qo‘ygan edi. Men uning ma’nosini tushunmagan edim. Bobil taxtiga o‘tirgan Midiyalik Axashverash o‘g‘li Doro hukmronligining ilk davri. Men Doro hukmronligining dastlabki yilida payg‘ambarlar yozib qoldirgan bitiklarni mutolaa qilishga kirishgan edim. Egamiz payg‘ambar Yeremiyoga aytgan so‘zlariga ko‘ra, Quddus yetmish yil davomida xarob bo‘lib yotishini bilib oldim. Shunda men Rabbiy Xudoga yolvordim, ro‘za tutib, qanorga o‘randim, kulga belanib, iltijo qildim. Men Egam Xudoga ibodat qilib, xalqimning gunohlari uchun shunday deb tavba qildim: Yo Rabbiy, Sen buyuk va haybatli Xudosan! Seni sevib, amrlaringga rioya qilgan bandalaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan. Ammo biz nohaqlik qilib, gunohga qo‘l urdik. Qabih ishlar qilib, Senga qarshi bosh ko‘tardik, amrlaru qonun–qoidalaringni unutib, shohlarimizga, rahnamolarimizga, ota–bobolarimizga va avom xalqqa Sening nomingdan gapirgan xizmatkorlaring — payg‘ambarlarga biz quloq solmadik. Sen haqsan, yo Rabbiy. Biz esa bugun sharmanda bo‘ldik. Biz Senga xiyonat qilganimiz uchun, Sen hammamizni — Yahudo va Quddus aholisini hamda butun Isroil xalqini yaqin va uzoq yurtlarga tarqatib yuborgansan. Ey, Egam, biz Senga qarshi gunoh qilganimiz uchun shohlarimiz, rahnamolarimiz, ota–bobolarimiz, biz — hammamiz sharmanda bo‘ldik. Yo Rabbimiz Xudo, biz Senga qarshi bosh ko‘targan bo‘lsak ham, Sen gunohlarimizni kechiruvchi, rahmdil Xudosan. Ey, Egamiz Xudo, biz Senga itoat etmadik! Sen xizmatkorlaring bo‘lmish payg‘ambarlar orqali bizga qonunlar berding, ammo biz ularga rioya qilmadik. Butun Isroil xalqi qonuningni buzib, haq yo‘ldan ozdi, Senga quloq solishni xohlamadi. Biz Senga qarshi gunoh qilganimiz uchun, quling Musoning qonunida yozilgan qasamyodu la’natlar boshimizga tushdi. Ha, Sen bizni va rahnamolarimizni ogohlantirgan eding! So‘ng aytganlaringni qilib, boshimizga shunday falokatlar yog‘dirdingki, Quddusda yuz bergan bunday dahshatli fojiani yorug‘ dunyo hali ko‘rmagan edi. Musoning qonunida yozilgan har bir falokat boshimizga tushdi. Ammo biz shunda ham gunohlarimizdan qaytmadik, Egamiz Xudoning marhamatini izlamadik, Uning sodiqligini esga olmadik. Vaqti kelib Egam bizni bu falokatlarga giriftor qildi, chunki biz Uning gaplariga itoat qilmadik. Darhaqiqat, Egamiz Xudo doim adolat ila ish tutar. Ey, Rabbimiz Xudo, Sen O‘z xalqingni qudrating ila Misrdan olib chiqib, shuhratingni olamga yoyding. Sening qudrating bugunga qadar tilga olinur. Biz esa gunoh qildik, qabihlikka qo‘l urdik. Yo Rabbiy, Sen o‘tmishda bizga ko‘p iltifot qilding. Hozir ham g‘azabu qahringni Quddusdan yiroq qilgin, deb yolvoraman. Quddus Sening shahring, Sening muqaddas tog‘ing–ku, axir! Bizning va ota–bobolarimizning gunohlari tufayli Quddus va tanlangan xalqing qo‘shni xalqlar orasida xor–zor bo‘lmoqda. Shuning uchun, ey, Xudoyimiz, qulingning ibodatu iltijolariga quloq tutgin. Yo Rabbiy, xarob bo‘lgan Ma’badingga O‘z haqi–hurmating uchun munavvar yuzing bilan boqqin. Ey, Xudoyim, quloq solib, nolalarimizni eshitgin! Ko‘zingni ochib, biz tortgan jabrni ko‘rib qo‘ygin! Shaharning ahvoliga bir qara, axir, u Sening noming bilan atalgan–ku! Biz Sening marhamatingga loyiq bo‘lmasak–da, O‘zingning cheksiz rahmdilliging tufayli bizga shafqat qil. Yo Rabbiy, nolalarimni eshitgin! Yo Rabbiy, bizni kechirgin! Yo Rabbiy, iltijolarimni eshitib yordam bergin! Hurmating haqi shoshilgin, chunki bu shahring va xalqing Sening noming bilan atalgandir, ey, Xudoyim! Men toat–ibodatda bo‘lib, o‘zimning gunohlarim va xalqim Isroilning gunohlari uchun tavba qilib, Xudoning muqaddas tog‘i — Quddus uchun Egam Xudoga iltijo qilayotgan edim. Kechki qurbonlik paytida men hali ibodat qilayotganimda, oldimga Jabroil uchib tushdi. Men uni oldingi vahiyda ham ko‘rgan edim. U menga tushuntirdi: — Doniyor, men oldingga vahiyni tushuntirmoq uchun keldim. Sen Xudoga iltijo qila boshlaganingda, U senga javob bergan edi. Men javobini senga yetqazmoq uchun keldim, chunki sen Xudoning suyukli bandasisan. Qani, endi aytadigan gaplarimni yaxshilab eshit, vahiyning ma’nosini tushunib olgin: Isyonni bartaraf etish, qabihlikka chek qo‘yish, gunohni poklash hamda abadiy adolat o‘rnatish uchun Xudo sening xalqing va muqaddas shahring uchun yetmish karra yetti yil belgiladi. Shunda vahiy va karomatlar amalga oshadi, muqaddas Ma’bad esa tabarruk qilinadi. Shuni bilib qo‘yginki, Quddusni tiklash uchun amr berilganidan to Xudo moy surtib tanlagan yo‘lboshchi kelguniga qadar, yetti karra yetti yil o‘tadi. Oltmish ikki karra yetti yil mobaynida Quddus shahri, uning yo‘llari va mudofaa inshootlari tiklanadi, ammo bu mashaqqatli damlarda sodir bo‘ladi. Oltmish ikki karra yetti yil o‘tgach, Xudo tanlagan yo‘lboshchi o‘ldiriladi. U erishgan hamma narsa barbod bo‘ladi. Qo‘shin tortib kelgan ajnabiy bir hukmdor shaharga kuchli selday yopirilib, shaharni hamda Ma’badni vayron qiladi. Xudoning qaroriga muvofiq, urushu vayronagarchiliklar o‘sha davrning oxirgacha davom etadi. O‘sha hukmdor ko‘p xalqlar bilan bir karra yetti yilga kuchli bir bitim tuzadi. O‘sha vaqtning yarmi o‘tgach, qurbonlik va nazrlarga chek qo‘yib, Ma’badda makruh bir narsa o‘rnatadi. Bu narsa ko‘p harom–xarish ishlarga sabab bo‘ladi. Bu ahvol Xudo belgilagan kungacha davom etadi. O‘sha kuni shahar bilan Ma’badni vayron qilgan hukmdorning kuni bitadi.” Fors shohi Kurush hukmronligining uchinchi yilida, Beltashazar deb atalgan Doniyorga Xudodan bir xabar kelgan edi. Kelajakda albatta sodir bo‘ladigan kuchli to‘qnashuvga oid bo‘lgan bu xabarning ma’nosi Doniyorga vahiy orqali ayon bo‘ldi. Doniyor shunday deb yozdi: “O‘sha paytda men uch hafta azadorday yurdim. Uch hafta davomida hech qanday tansiq taom yemadim, go‘sht bilan sharobni og‘zimga olmadim, yuvinib–taranmadim. Birinchi oyning yigirma to‘rtinchi kunida buyuk Dajla daryosining bo‘yida turganimda men bittasini ko‘rdim. Uning egnida zig‘ir tolasidan to‘qilgan libos, belida sof tilladan yasalgan kamar bor edi. Uning tanasi qimmatbaho toshday yarqirab turar edi. Yuzi yashinday porlab, ko‘zlari mash’aladay yonib turar edi. Oyoq–qo‘llari yaltiroq misday tovlanib, ovozi bir olomon shovqiniday yangrar edi. Vahiyni faqat men ko‘rdim. Yonimdagilar vahiyni ko‘rmagan bo‘lsa ham, vahimaga tushdilar. Ular tumtaraqay bo‘lib har yoqqa yashirinib oldilar. Men bir o‘zim qoldim. O‘sha ajoyib vahiyni ko‘rayotganimda quvvatsizlanib, aft–angorim tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketganini sezdim. Madorim qolmagan edi. Men farishtaning ovozini eshitganimda hushimdan ketib, yuz tuban yerda cho‘zilib qoldim. So‘ng esa bir qo‘l menga tegib, meni kaft va tizzalarimga ko‘tarib qo‘ydi. O‘sha farishta menga: — Ey, Doniyor, sen Xudoning suyukli bandasisan, — dedi. — Qani, tur! Senga aytadigan gaplarimga quloq sol, chunki men sening oldingga yuborilganman. U bu gaplarini menga aytayotganda men qaltirab o‘rnimdan turdim. — Doniyor, qo‘rqma! — dedi u menga. — Sen hayot lazzatlaridan voz kechib, xabar xususida mulohaza yuritishni boshlagan kuningdayoq, iltijolaring ijobat bo‘lgan edi. Iltijolaringga binoan, men oldingga keldim. Ammo Fors shohligini himoya qiluvchi farishta yigirma bir kun davomida menga qarshilik qildi. Men u bilan jang qilib hayallab qolganim uchun, bosh farishtalardan biri bo‘lgan Mikoyil menga yordamga keldi. Men senga kelajakda xalqing boshiga tushadigan narsalarni tushuntirish uchun keldim. Bu vahiy o‘sha kunlarga oiddir. U bu so‘zlarni gapirayotganda, men lom–mim deya olmay, boshimni egib turar edim. So‘ng odam qiyofasidagi boshqa biri lablarimga qo‘l tekkizdi. Men og‘zimni juftlab, oldimda turganga dedim: — Hazratim, bu vahiy yurak–bag‘rimni ezib yubordi, madorim quridi. Menday bir qul qanday qilib hazratim bilan gaplasha oladi? Holdan toyganman, bazo‘r nafas olyapman. U yana bir bor menga qo‘lini tekkizib, menga kuch ato etdi. Men birinchi ko‘rgan boshqa birovi shunday dedi: — Ey, Xudoning suyukli bandasi, qo‘rqma! Tinchlan! Dadil bo‘l! U menga gapirayotganda dadillanib dedim: — Hazratim, siz menga dalda berdingiz, endi gapiravering. [20-21] — Sening oldingga nima uchun kelganimni bilasanmi o‘zi? — deb so‘radi u. — Men senga Haqiqat kitobida yozilgan narsalarni aytib bermoqchiman. Bundan so‘ng men qaytib, Fors shohligini himoya qiluvchi farishtaga qarshi urushga chiqaman. Keyin Yunonistonni himoya qiluvchi farishta bilan jang qilaman. Bu to‘qnashuvda Isroilni himoya qiluvchi Mikoyil farishtadan boshqa yordamchim yo‘q. Midiyalik Doro hukmronligining birinchi yilida men Mikoyilga yordam berib, uni muhofaza qilib turgan edim.” Farishta gapida davom etib Doniyorga shunday dedi: “Endi esa men senga haqiqatni aytaman. Fors shohligida yana uchta shoh hukmronlik qiladi. To‘rtinchi shoh boshqalarga qaraganda ancha badavlat bo‘ladi. U boyligi orqali kuch orttirib, hammani Yunoniston shohligiga qarshi qo‘zg‘atadi. Keyin taxtga jangovar bir shoh o‘tiradi, u beqiyos bir saltanatni boshqarib, xohlagan ishini qiladi. Ammo qudratining cho‘qqisida saltanati parchalanib, to‘rt qismga bo‘linib ketadi. Shoh sulolasiga mansub bo‘lmagan yetti yot begonalar taxtga o‘tiradi, biroq saltanatning ilgarigi kuch–qudrati ularda bo‘lmaydi. Shu orada Misr shohi kuchayib ketadi, ammo shohning zobitlaridan biri zo‘rayib, shoh saltanatidan ulkanroq bir saltanatga hukmronlik qiladi. Bir necha yil o‘tgach, Misr shohi Suriya shohi bilan ittifoq tuzib, unga qizini uzatadi. Shu orqali u Suriya shohi bilan aloqasini mustahkamlamoqchi bo‘ladi, biroq ittifoq uzoq davom etmaydi. Qiz, kuyov, qizning otasi va ularning xizmatkorlari xoinlikning qurbonlari bo‘lishadi. Ko‘p o‘tmay Misr taxtiga qizning qarindoshlaridan biri o‘tiradi. U Suriya shohining qo‘shinlariga hujum qilib, istehkomlarini zabt etadi. Qo‘shinlarni tor–mor qilib, g‘alaba qozonadi. Suriya xudolarining haykallarini, oltin va kumushdan qilingan qimmatbaho idishlarni o‘lja qilib, Misrga olib ketadi. So‘ng bir necha yil davomida Suriya shohining tinchligini buzmaydi. Shundan keyin Suriya shohi Misrga bostirib boradi, ammo yengilib, o‘z yurtiga qaytib ketadi. Suriya shohining o‘g‘illari jangga otlanib, Misrga katta bir qo‘shin tortib borishadi. Qo‘shinlar sel kabi oqib, yovning qal’asiga hujum qilishadi. G‘azablangan Misr shohi Suriya shohi bilan jang qilib, katta yov qo‘shinini tor–mor qiladi. G‘alabaga erishgan Misr shohi o‘ta mag‘rurlanib ketadi, ammo omad unga boshqa kulib boqmaydi, chunki bir necha yildan keyin Suriya shohi yana Misrga qo‘shin tortib keladi. Bu safar Suriya qo‘shinlari oldingidan ham ziyodroq, tish–tirnog‘igacha qurollangan bo‘ladi. Shunda ko‘p odamlar Misr shohiga qarshi bosh ko‘taradilar. Vahiy amalga oshsin, deb xalqing orasidagi ayrim zo‘ravonlar ham qo‘zg‘aladi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydilar. Suriya shohi mustahkam bir shaharni qamal qilib, qo‘lga kiritadi. Suriyaning siquvi ostida Misr qo‘shinlari chekinadilar, hatto Misrning saralangan lashkarlari ham yov qo‘shinining shiddatli hujumini qaytara olmaydilar. Suriya shohi xohlagan ishini qiladi, biror kishi unga qarshilik qilishga jur’at etmaydi. U go‘zal Isroil o‘lkasini qo‘lga kiritib, uni vayron qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastavval Suriya shohi o‘z saltanatidagi bor qo‘shinni to‘plab, Misrni zabt etmoqchi bo‘ladi. Keyin Misrni ichidan yemirmoqchi bo‘lib, Misr shohi bilan sulh tuzadi va unga qiz uzatadi. Ammo Suriya shohining bu rejalari puchga chiqib, muvaffaqiyat keltirmaydi. Bundan so‘ng Suriya shohi dengiz qirg‘og‘idagi shaharlarga hujum qilib, ko‘plarini qo‘lga kiritadi. Ammo o‘zga yurtlik bir sarkarda bu surbet shohning popugini pasaytirib, qilgan qilmishlariga yarasha jazosini beradi. Shunda Suriya shohi chekinib, o‘z yurtidagi qal’alariga qaytib ketadi, ammo yo‘lda halokatga uchrab nobud bo‘ladi. Uning o‘rniga Suriya taxtiga boshqa bir shoh o‘tiradi. Xazinasini boyitmoqchi bo‘lgan bu shoh zobitini yuborib, odamlarga katta soliqlar soladi. Ammo qisqa vaqt ichida halok bo‘ladi. Bu noxush voqea na jangda, na birovning qasdi natijasida sodir bo‘ladi. Taxtga o‘tirgan keyingi shoh esa yaramas bir odam bo‘ladi. Shoh sulolasiga mansub bo‘lmagan bu kishi kutilmaganda hiyla orqali Suriya taxtiga chiqib oladi. Unga qarshilik ko‘rsatgan barcha qo‘shinlarni oradan supurib tashlab, yo‘q qiladi. Hatto Ahd Shahzodasini ham shu ko‘yga soladi. U boshqa xalqlar bilan bitim tuzgach, makkorona ish tutadi. Unga ergashuvchilarning soni kam bo‘lishiga qaramay, qudrati tobora oshib boraveradi. U to‘satdan badavlat viloyatlarga bostirib borib, ota–bobolari qilmagan ishlarga qo‘l uradi. Qo‘lga kiritgan o‘ljayu mol–mulkni o‘ziga ergashganlarga ulashib beradi. Qal’alarni qo‘lga olish rejalarini tuzadi, ammo bunday hol uzoq davom etmaydi. U kuch–qudratini yig‘ib, Misr shohiga qarshi katta bir lashkar tortib boradi. Misr shohi esa Suriya lashkaridan bisyorroq va kuchliroq qo‘shin bilan yov hujumini qaytarmoqchi bo‘ladi. Biroq hiylagarlarning domiga tushib, inqirozga yuz tutadi. Misr shohining o‘z hamtovoqlari uning tomiriga bolta uradilar. Tor–mor bo‘lgan Misr qo‘shinlari jangda halok bo‘ladilar. O‘sha ikkita shoh bir dasturxonda o‘tirib ovqatlanishadi, ammo dilidagi g‘arazni hushomad bilan yashirib, bir–biriga yolg‘on gapirishadi. Biroq Xudo belgilab qo‘ygan vaqt–soati yetib kelmagani uchun, birontasi ham muvaffaqiyatga erishmaydi. Suriya shohi bir talay boylik bilan ona yurtiga qaytib ketadi. Yo‘lda esa Xudo ahd tuzgan xalqqa qarshi chiqib, ularga ko‘p ozor yetkazadi. Belgilangan vaqtda Suriya shohi yana Misrga yurish qiladi, ammo bu safar vaziyat boshqacha tus oladi. G‘arb sohillaridan kelgan jang kemalari Suriya shohiga qarshilik ko‘rsatishadi, yuragi dov bermagan Suriya shohi chekinadi. Biroq g‘azabini Xudoning xalqiga sochib alamidan chiqadi, muqaddas ahddan toyganlarni esa mukofotlaydi. Uning lashkarlari Ma’bad qal’asiga bostirib kirib, tabarruk joyni harom qilishadi. Kundalik qurbonliklarni to‘xtatib, ko‘p harom–xarish ishlarga sabab bo‘ladigan makruh narsani o‘rnatishadi. Shoh shirin so‘zlar bilan ahddan toyganlarning ko‘nglini ovlab, ularni o‘z tomoniga og‘dirib oladi. Xudoga sodiq qolganlar esa bor kuchlari bilan unga qarshilik ko‘rsatadilar. Xalq orasidagi dono yo‘lboshchilar odamlarga oqilona pand–nasihatlar berishadi. Ammo ko‘p o‘tmay ularning ayrimlari qilichdan o‘tkaziladi, ayrimlari tiriklayin olovda kuydiriladi, ayrimlari mol–mulkidan ayrilib, zindonga tashlanadi. Quvg‘in paytida ularga ozgina yordam tegadi. Biroq saflariga ba’zi bir riyokor odamlar kirib olishadi. Quvg‘in paytida ayrim dono kishilar azob chekadilar. Biroq bu azoblar orqali Xudo ularni oxirzamon vaqtiga tayyorlab, tozalab poklaydi, chunki belgilangan vaqt hali ham kelmagan bo‘ladi. Suriya shohi xohlaganini qiladi. O‘zini ko‘klarga ko‘tarib, xudolardan ustun qo‘yadi. Eng buyuk Xudoga qarshi gapirib, kufr ketadi. Xudo belgilab qo‘ygan g‘azab davri tugaguniga qadar muvaffaqiyat qozonadi. Biroq Xudo o‘z rejasini albatta amalga oshiradi. Suriya shohi ota–bobolari sig‘ingan xudolarni hamda ayollar yaxshi ko‘radigan xudoni pisand qilmaydi. O‘zini hammasidan ustun qo‘yib, bironta xudoni nazariga ilmaydi. Bularning o‘rniga u qal’alarni himoya qiluvchi xudoni ulug‘laydi. Ota–bobolari topinmagan bu xudoga u oltin, kumush, javohir va qimmatbaho sovg‘alarni nazr qiladi. O‘zga yurt xudosining homiyligi bilan qal’alarini himoya qiladi. Uni haqiqiy hukmdor deb bilganlarga izzat–ehtirom bildirib, yuqori mansablarga ko‘taradi. Bunday odamlarga yerlarni mukofot sifatida bo‘lib beradi. Oxirzamon vaqtida Misr shohi Suriya shohiga hujum qiladi. Ammo Suriya shohi jang aravalari, chavandozlari va talay kemalari bilan unga qarshilik ko‘rsatib, toshqin suvlar kabi ko‘p shohliklarni bosib oladi. U go‘zal Isroil o‘lkasini ham zabt etib, minglab xalqlarning boshiga yetadi. Ammo Edom hamda Mo‘ab xalqlari va Ommon xalqining asosiy qismi Suriya shohining changalidan qochib qutuladi. Ko‘plab shohliklar, shular qatori, Misr ham Suriya istilosi ostida qoladi. Suriya shohi Misrning oltinu kumush xazinalariga va barcha boyliklariga egalik qiladi. Liviyaliklar bilan Habashistonliklar ham unga qaram bo‘ladilar. Biroq sharq va shimoldan kelgan noxush xabarlar Suriya shohini vahimaga soladi. Bu xabarlardan darg‘azab bo‘lgan shoh yo‘lga otlanib, ko‘p odamlarni qirib tashlaydi. So‘ng dengiz va go‘zal muqaddas tog‘ orasidagi yerlarga borib, u yerda shohona chodirlarini tikadi. Ammo o‘sha joyda jon beradi, unga yordam beradigan hech kim bo‘lmaydi.” Farishta gapini davom ettirdi: “O‘sha paytda xalqingni himoya qiluvchi buyuk Mikoyil farishta hozir bo‘ladi. Shunda insonlar birlashib xalq bo‘lgandan beri misli ko‘rilmagan dahshatli azob–uqubatlar davri boshlanadi. Ammo o‘sha damlarda sening xalqing orasidan Xudoning kitobiga ismi yozilgan har bir odam najot topadi. Qora yer bag‘rida yotganlarning ko‘pchiligi uyg‘onadi: kimdir abadiy hayotga erishadi, kimdir sharmandaligu abadiy isnodga duchor bo‘ladi. Donolar musaffo osmon kabi yashnaydilar, odamlarni haq yo‘lga solganlar esa yulduzlar kabi mangu porlayveradilar. Sen esa, ey, Doniyor, kitobni muhrlaginu bu so‘zlarni oxirzamongacha sir saqla. Bu davr mobaynida ko‘p odamlar o‘zlarini u yoqdan–bu yoqqa urib, yuz berayotgan hodisalarni tushunmoqchi bo‘ladilar.” Doniyor shunday deb yozdi: “Men, daryoning bo‘yida paydo bo‘lgan yana boshqa ikki farishtani ko‘rdim. Bittasi daryoning bu tomonida, boshqasi u tomonida turar edi. Ularning biri oqimning yuqori qismida turgan zig‘ir libosli farishtadan: — Bunday qiyinchiliklar qachongacha davom etadi? Oxiri bormi o‘zi? — deb so‘radi. Zig‘ir libosli farishta ikkala qo‘lini osmonga cho‘zib, barhayot Xudoning nomi bilan qasam ichganini va shunday so‘zlar aytganini eshitdim: — Bu qiyinchiliklar uch yarim yil davom etadi. Xudoga qarashli odamlarning kuch–qudrati tamomila yo‘q qilingandan keyin, o‘sha quvg‘inlarning barchasi o‘z nihoyasiga yetadi. O‘sha odamning gaplarini eshitdimu, tushunmadim: — Ey, hazratim, buning oqibati nima bo‘ladi? — deb so‘radim. U shunday javob berdi: — Bu to‘g‘rida hech xavotir olma, Doniyor, chunki bu so‘zlar muhrlangan bo‘lib oxirzamonga qadar sir saqlanadi. Bu quvg‘inlar tufayli ko‘p odamlar tozalanib, poklanadi, ammo fosiqlar fosiqligini davom ettiraveradi. Fosiqlarning birontasi ham buni tushunmaydi, donolar esa bularning barchasini anglab oladilar. Kundalik qurbonliklar to‘xtatilib, ko‘p harom–xarish ishlarga sabab bo‘ladigan makruh bir narsa o‘rnatilgan paytdan boshlab 1290 kun o‘tadi. Oxirgacha, ya’ni 1335 kun o‘tgunga qadar sodiq bo‘lib qolganlar naqadar baxtiyordir. Sen, Doniyor, umr yo‘lingni davom ettirib, olamdan ko‘z yumasan. Oxiratda esa mukofotingni olish uchun tirilasan.” Yahudo yurtida shohlar Uzziyo, Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda Isroil taxtida Yo‘sh o‘g‘li Yorubom o‘tirgan edi. O‘sha vaqt mobaynida Beri o‘g‘li Xo‘sheyaga Egamiz O‘z so‘zlarini ayon qildi. Egamiz dastlab Xo‘sheya orqali gapirishni boshlaganda, unga shunday degan edi: “Borib fohisha ayolga uylan, u senga begona erkaklardan orttirgan farzandlar tug‘ib beradi. Zotan, Mening xalqim ham fohishaga o‘xshaydi. Ular Menga bevafolik qilib, begona xudolarga sajda qilishmoqda.” Xo‘sheya Diblayim qizi Go‘meraga uylandi. Go‘mera homilador bo‘lib, Xo‘sheyaga o‘g‘il tug‘ib berdi. Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “O‘g‘lingning ismini Yizril qo‘y. Chunki ko‘p o‘tmay Men Yohu xonadonini Yizril vodiysida qon to‘kkani uchun jazolayman. Isroil shohligini yo‘q qilaman. O‘sha kuni Men Yizril vodiysida Isroilning kamonu o‘qlarini sindiraman.” Go‘mera yana homilador bo‘lib, qiz tug‘di. Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “Qizingning ismini Lo‘ruxamo, ya’ni ‘Rahmdan bebahra’, deb qo‘y. Chunki bundan buyon Men Isroil xonadoniga rahm qilmayman, ularni kechirmayman. Yahudo xonadoniga esa rahm qilaman. Men, Egasi Xudo, ularga najot beraman. Qilichu kamon, jang–jadal, otlaru chavandozlar bilan emas, O‘z qudratim bilan ularni qutqaraman.” Go‘mera qizini ko‘krakdan chiqargach, yana homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “O‘g‘lingning ismini Lo‘ami, ya’ni ‘Xalqim emas’, deb qo‘y. Chunki Isroil xalqi endi Mening xalqim emas, Men esa ularning Xudosi emasman. Ammo shunday vaqtlar keladiki, Isroil xalqi dengizdagi qum kabi bo‘ladi, ularni na sanab, na o‘lchab bo‘ladi. Ularga: ‘Xalqim emas’, deb aytilgan bo‘lsa, kelajakda ular: ‘ Barhayot Xudoning bolalari’, deb ataladi. Yahudo va Isroil xalqlari qayta birlashadilar. Ular o‘zlariga bir yo‘lboshchi tanlaydilar. O‘z yurtida tup qo‘yib palak otadilar. Ha, Yizrilning kuni ulug‘ bir kun bo‘ladi.” Egamiz shunday deydi: “Aka–ukalaringizni — Yomi, ya’ni ‘Mening xalqim’, opa–singillaringizni — Ruxamo, ya’ni ‘Rahmdan bahramand’, deb chaqiringlar. Ey farzandlarim, Onangiz bilan da’volashing, Aybini yuziga soling. U endi xotin emas Menga, Men ham er emasdirman unga. Ayting, yuzidagi upa–eligini artib tashlasin, Egnidagi uyatsiz kiyimini yechib tashlasin. Bo‘ldi, fohishaligini bas qilsin. Aks holda uning kiyimini O‘zim yechib tashlayman, Onasining qornidan tushganday qip–yalang‘och qilaman. Yerini bepusht sahroga aylantiraman, Uning yurtini qaqragan cho‘l qilaman. Tashnalikdan uni o‘ldiraman. Bolalariga ham rahm qilmayman, O‘ynashlaridan orttirgan haromi ular. Ha, ularning onasi fohishalik qilgan, Ularni tuqqan ayol sharmu hayoni yo‘qotgan. U dedi: ‘O‘ynashlarim oldiga ketdim. Nonu suvimni, junu zig‘ir matolarimni, Zaytun moyiyu sharobimni, Menga o‘shalar bergan.’ Shuning uchun yo‘lini tikanaklar bilan to‘saman, O‘tolmaydigan qilib devor quraman. U o‘ynashlarining ketidan quvib yetolmaydi, Ularni izlab, topolmaydi. Keyin esa aytadi: ‘Birinchi erimning oldiga qaytib boray, Axir, o‘shandagi holim hozirgidan tuzukroq edi.’ Bug‘doyni, sharobu zaytun moyini, Unga Men berganimni u bilmaydi. Baalga nazr qilgan kumushu oltinni Unga Men sovg‘a qilganimni anglamaydi. Shuning uchun hosil paytida bug‘doyimni tortib olaman, Yig‘im–terim mavsumida sharobimni olib qo‘yaman. Badanini yopib turgan junu zig‘ir matolarimni qaytarib olaman. Mana, endi uni yalang‘och qilaman, O‘ynashlarining oldiga chiqarib qo‘yaman, Qo‘limdan uni hech kim xalos qila olmaydi. Men uning bazmlariga chek qo‘yaman. Yillik bayramlariyu yangi oy shodiyonalariga, Shabbatlari va barcha tayinlangan bayramlariga barham beraman. ‘O‘ynashlarimning bergan to‘lovi’, deb o‘ylagan, Uzumzoru anjir bog‘larini buzib tashlayman, Hammasini to‘qayzor qilaman. Yovvoyi hayvonlar bog‘larini yo‘q qiladi. U bayramlarda Baalga atab tutatqilar tutgani uchun, Uzugu taqinchoqlar bilan bezanib, O‘ynashlarining ketidan yurgani uchun, Meni esa tamom esidan chiqarib yuborgani uchun, Men uni jazolayman! — Egamizning kalomi shudir. — Ko‘p o‘tmay Men uning ko‘nglini ovlayman, Uni sahroga olib borib, shirin so‘zlar aytaman. O‘sha yerda uzumzorlarini qaytarib beraman, Kulfat soyligini umid eshigi qilaman. O‘sha yerda u Menga ergashadi, Yoshligida, Misrdan chiqqan chog‘ida ergashganday ortimdan yuradi.” Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, o‘sha kuni sen Meni ‘Erim’, deb chaqirasan, hech qachon ‘Baalim’ demaysan. Baalning nomini qayta tilingga olmaydigan qilaman. O‘sha kuni yovvoyi hayvonlar, osmondagi qushlar va yerda sudraluvchi maxluqlar bilan ahd tuzaman, ular senga zarar yetkazmaydi. Yurtdagi barcha qamonu qilichlarni, hamma jang qurollarini yo‘q qilaman. Sen tinch, bexatar yashaysan. Men seni O‘zimga abadiy nikohlab olaman. Senga nisbatan adolatli va odil bo‘laman. Seni doim sevaman, mehr–shafqat ko‘rsataman. Senga vafo qilaman, sen Meni Egang, deb bilasan.” Egamiz demoqda: “O‘sha kuni Men xalqimning iltijolariga javob beraman, Men osmonga amr qilaman, Osmon yerga yomg‘ir yog‘diradi. Yer bug‘doy, uzum, zaytun yetishtiradi, Ular esa hayot bag‘ishlaydi Yizrilga — ‘Xudo ekkan’ deb atalgan Mening xalqimga. Ha, Men Yizrilni O‘zim uchun bu yurtga o‘tqazaman. ‘Rahmdan bebahra’ — Lo‘ruxamoga rahm qilaman, ‘Xalqim emas’ — Lo‘amini, ‘Mening xalqim’, deb atayman. U esa ‘Xudoyim’, deb chaqirar Meni.” Egamiz menga dedi: “Qani bor, Xo‘sheya! O‘ynashi bor o‘sha suyuq oyoq xotiningga boshqatdan ko‘ngil qo‘y. Men Isroil xalqini qanday sevsam, sen ham xotiningni shunday sevgin. Zotan xalqimning ham ko‘ngli boshqa xudolarga chopadi, mayizli kulchalarni ularga nazr qilishni xalqim yaxshi ko‘radi.” Shunday qilib, men o‘n besh kumush tanga va to‘qqiz savat arpaga o‘z xotinimni sotib oldim. Unga dedim: “Sen uzoq vaqt davomida menikida yashaysan. Fohishalik qilmaysan. O‘sha vaqt mobaynida birorta erkakka yaqinlashmaysan, men ham senga yaqinlashmayman.” Shu singari Isroil xalqi ham ancha vaqt davomida shohu shahzodasiz, qurbonliklaru butsimon toshlarsiz, efod va butlarsiz yashaydi. Bundan keyin ular qaytadan Egasi Xudoga va Dovud naslidan bo‘lgan shohga yuz burishadi. Kelajakda qo‘rquv bilan Egamizga bo‘yin egishadi. Xudoning barakasidan bahramand bo‘lishadi. Egamizning da’vosi bor bu yurt aholisiga, Ey Isroil xalqi, quloq tut Egamizning so‘ziga: “Bu yurt vafoyu sadoqatni bilmaydi, Ular Men, Xudoni tan olmaydi. Qachon qaramasa la’nat aytishadi, Aldashadi, odam o‘ldirishadi, O‘g‘irlik qilib, fahsh ishlarga berilishadi. Hamma yoqda zo‘ravonlik, qotilliklar qilishadi. Mana shuning uchun yurt qurib bormoqda, U yerda yashovchi xalq nobud bo‘lmoqda. Halok bo‘lmoqda yovvoyi hayvonlar, Ko‘kdagi qushlaru hatto dengizdagi baliqlar. Birontangiz xalqni ayblamang! Ularga ta’na qilmang! Mening da’voim sizlarga qarshidir, Ey ruhoniylar! Sizlar kechayu kunduz qoqilasizlar, Hatto payg‘ambarlar ham sizlar bilan birga qoqiladi. Sizlarni deb Men xalqingizni nobud qilaman! Ana, xalqim Meni bilmagani uchun nobud bo‘lmoqda. Bu sizning aybingiz, ey ruhoniylar! Axir, sizlar voz kechdinglar Meni bilishdan, Endi Men ham voz kechaman sizdan. Mening ruhoniylarim bo‘lmaysizlar! Sizlar Xudoyingizning qonunlarini unutdingizlar, Shuning uchun Men ham farzandlaringizni unutaman. Ey ruhoniylar, ko‘paygani sari sizning soningiz, Menga qarshi ko‘proq gunoh qildingiz. Endi ulug‘vorligingizni sharmandalikka almashtiraman. Axir, sizlar xalqimning gunoh qurbonliklari bilan Qorningizni to‘yg‘izdingiz, Xalqimning qabihliklariga tashnadir siz. Mana, Men xalqimni ham, Sizni ham birday jazolayman. Tutgan yo‘llaringiz, Qilgan qilmishlaringizga yarasha qaytaraman. Sizlar yeysizlar, ammo qorningiz to‘ymaydi, Zino qilasizlar, ammo soningiz ko‘paymaydi. Sizlar Menga bo‘ysunmay qo‘ygansiz. Fahsh, sharobning eski va yangisi Xalqimni es–hushidan ayirdi. Ular yog‘och butdan vahiy so‘rashadi. Tayoqdan pand–nasihat olishadi. Shahvoniy hirs ularni yo‘ldan urdi, Ular Men, Xudosiga bevafo bo‘ldi. Qurbonliklar qilishayotir tog‘ cho‘qqilarida, Tutatqilar tutatishayotir qirlarda, Eman, chinor va qayrag‘ochlarning orombaxsh soyalarida. Ey xalqim, natijada qizlaring fohisha bo‘ldi, Kelinlaring zinoga botdi. Ammo Men fohisha qizlaringni jazolamayman, Zinokor kelinlaringning adabini bermayman. Axir, erkaklarning o‘zi g‘arlar oldiga bormoqda, Sajdagoh fohishalari bilan ular qurbonliklar keltirmoqda. Aytilgan–ku, es–hushidan ayrilgan xalq nobud bo‘ladi, deya. Isroil xalqi Menga bevafolik qilsa ham, Bu jinoyatga Yahudo xalqi qo‘l urmasin. Ular sajda qilgani Gilgalga bormasin, Bayt–Obunga ham oyoq bosmasin. ‘Xudo shohid’, deya qasam ichishmasin. Ha, eshakday o‘jardir Isroil xalqi, Ko‘p o‘tmay Men ularni yaylovga haydab yuboraman, Ular keng daladagi yolg‘iz qo‘ziga o‘xshab qolishadi. Efrayim xalqi ko‘ngil bog‘ladi butlarga, Bilganlarini qilishsin, qo‘ying ularni o‘z holiga! Aysh–ishratdan keyin ular fahshga berilishar. Ularning yo‘lboshchilari behayolikni yaxshi ko‘rar. Quyun ularni supurib ketadi. Butlarga qilgan qurbonliklari tufayli sharmanda bo‘lishadi.” Egamiz shunday deydi: “Ey ruhoniylar, eshiting buni! Diqqat qilgin, Isroil xalqi! Quloq solgin, shoh xonadoni! Sizning ustingizdan hukm ketyapti. Sizlar Mispaxda odamlar uchun tuzoq bo‘ldingiz, Tovur tog‘ida yoyilgan to‘r bo‘ldingiz. Qotillikka botgan isyonchi sizlar! Men hammangizning adabingizni beraman. Ey Efrayim, juda yaxshi bilaman seni, Isroil, Mendan yashira olmassan o‘z qilmishingni. Sen, Efrayim, Xudoga bevafo bo‘lding, Ey Isroil, o‘zingni harom qilding. Men Xudoyingman, Ammo qilmishlaring Menga qaytib kelishingga yo‘l qo‘ymas. Sen Meni — o‘z Egangni bilmaysan, Chunki qalbing shahvatga to‘lgan.” Isroilning mag‘rurligi o‘ziga qarshi guvohlik beryapti, U jinoyatlari tufayli qulaydi. Yahudo ham u bilan birga yiqiladi. Isroil Egamizning iltifotini izlaydi, Qo‘y–mollarini qurbonlik qiladi, Ammo Egamizni topa olmaydi, Chunki Egamiz uni tark etgan. U Egamizga xiyonat qildi, Begonalardan orttirgan bolalar tug‘di. Ko‘p o‘tmay u mulki bilan birga xarob bo‘ladi. Egamiz shunday deydi: “ Burg‘u chaling Givoda! Karnay chaling Ramada! Bayt–Obunda bong uring! Ey Benyamin, ortingdan dushman kelyapti! Jazo kuni Efrayim xarob bo‘ladi. Isroil qabilalariga e’lon qilgan bu so‘zlarim Albatta ro‘yobga chiqadi. Yahudo shahzodalari chegarani buzgan firibgarlarga o‘xshaydi, Men ularning ustiga O‘z qahrimni jaladay yog‘diraman. Axir, Efrayim butlarga ergashishni afzal ko‘rdi, Endi u ezilib, hukmga bardosh bera olmaydi. Men Efrayimni kuyaday yemiraman, Yahudo xonadonini qurtday kemiraman. Efrayim o‘z betobligini tushungach, Yahudo o‘z yaralarini ko‘rgach, Efrayim Ossuriyaga bordi, Buyuk shohni yordamga chaqirdi. Ammo shoh ularni davolay olmaydi, Yaralariga shifo bera olmaydi. Men Efrayimga sherday hujum qilaman, Yahudo xonadoniga yosh arslonday tashlanaman. Ularni O‘zim tilka–pora qilaman, Sudrab, O‘zim bilan olib ketaman. Ularni hech kim xalos eta olmas. Ular o‘z aybini bo‘yniga olguncha, Chin dildan Menga intilguncha, Men O‘z makonimga qaytib ketaman. Balki qayg‘uli damlarida ular Menga qaytishar.” Bu xalq shunday deydi: “Kelinglar, Egamizga qaytaylik! U bizni tilka–pora qildi, Shifoni ham O‘zi beradi. Bizni yarador qildi, Yaralarimizni O‘zi bog‘laydi. Uning huzurida yashay olishimiz uchun, Ikki kunda bizni hayotga qaytaradi, Uchinchi kuni oyog‘imizga turg‘izadi. Kelinglar, Egamizni bilishga intilaylik. Tong otishi muqarrar bo‘lganday, U albatta bizga zohir bo‘ladi, Kuz va bahorda yomg‘ir yog‘ishi tabiiy bo‘lganday, U albatta oldimizga keladi.” Egamiz shunday deydi: “Seni nima qilay, ey Efrayim?! Seni nima qilay, ey Yahudo?! Sening sevging tongdagi tumanday tez g‘oyib bo‘lar, Sahardagi shudring kabi bug‘lanib ketar. Shuning uchun so‘zlarim bilan seni o‘lguday savaladim, Payg‘ambarlarim orqali seni chopib tashladim. Chiqargan hukmim chaqmoq kabi seni uradi. Zero, Men qurbonlikni emas, Rahm–shafqatni istayman, Kuydirilgan qurbonliklarni emas, Meni tanib–bilishingni afzal ko‘raman. Xalqim Odam Atoday ahdni buzdi, Evoh, Menga bevafolik qildi. Gilad — yovuzlarning shahridir, Ko‘chalari qon dog‘lariga to‘ladir. Ruhoniylar qaroqchilarga o‘xshaydi, Ular pistirmada yotib, qurbonini poylashadi. Shakam shahri yo‘lida qotilliklar qilishadi, Ha, ular mudhish jinoyatlarga qo‘l urdi. Men Isroilda dahshatli hodisani ko‘rdim: Efrayim bevafolik qildi! Isroil o‘zini bulg‘adi! Ey Yahudo, sen uchun ham o‘rim payti belgilandi. Men xalqimni yana farovonlikka erishtirmoqchi bo‘lganimda, Isroilni shifolamoqchi bo‘lib turganimda, Uning buzuqligi oshkor bo‘ldi, Samariyaning jinoyatlari ochildi. Ular makkorona ish tutishadi, O‘g‘rilar xonadonlarni o‘marishadi, Qaroqchilar yo‘lto‘sarlik qilishadi. Qilgan barcha qabihliklari yodimda, Biroq ular buni xayoliga keltirmaydi. Mana, ular gunohlarga botishdi, Ko‘z o‘ngimda bu gunohlar gavdalanadi. Odamlar shohni yovuzliklari bilan xushnud qilar, Ular beklarni hiylalari bilan shod etar. Ularning hammasi sadoqatsiz va makkor, Lovullagan tandirga o‘xshaydi. Novvoy xamirini qorib bo‘lgunicha, Xamir oshib tayyor bo‘lgunicha, Hatto olov kovlashga ham ehtiyoj yo‘q. Shoh ziyofat bergan kuni Beklar shohga maydan ichirishdi, Shoh mazaxchilar bilan hamtovoq bo‘ldi. Ularning yuraklari tandirga o‘xshaydi, Shohga qarshi ular fitna uyushtiradi, Kechasi bilan g‘azabi cho‘g‘day tutab yotadi, Saharga kelib, olovday lovullab yonadi. Tandirday qizishgan bu hamma odamlar, Hukmdorlarini yamlamay yutyaptilar. Natijada shohlari birin–ketin nobud bo‘lyapti, Ammo birontasi ham Menga iltijo qilmayapti.” Efrayim boshqa xalqlarga qorishgan. U xom pishgan nonga o‘xshab qolgan. O‘zga xalqlar uning kuchini kesdi, U esa buni anglamaydi. Sochlari oqarib bo‘ldi, U esa buni payqamaydi. Isroilning mag‘rurligi O‘ziga qarshi guvohlik beradi. Boshiga tushgan kulfatlarga qaramay Isroil O‘z Egasi Xudoga qaytmadi, Yuzini Unga burmadi. Egamiz shunday deydi: “Efrayim kabutarga o‘xshar, Ham befarosat, ham ovsar. U Misrdan yordam so‘raydi, Pir etib Ossuriyaga uchadi. Uchganda, Men unga to‘r tashlayman, Ovlangan qushday yerga tushiraman. To‘dalashganini eshitsam, jazosini beraman. Xalqimning holiga voy! Axir, ular Mendan uzoqlashdi! Endi vayron bo‘lishadi! Axir, Menga qarshi bosh ko‘tarishdi! Ularni xalos qilardim–u, Ammo Menga yolg‘on gapirishdi. Ular Menga chin dildan iltijo qilmaydi, Ammo to‘shaklarida yotib, faryod chekishadi. Butparastlarday badanlarini tilib, Bug‘doy va sharob talab qilishadi. Menga qarshi bosh ko‘tarishadi. Men O‘zim ularni boqdim, kuchaytirdim, Ular esa Menga qarshi fitna qiladi. Ular yaroqsiz bir kamonga o‘xshaydi, Menga, Xudoyi Taologa yuzini burmaydi. Beklari haqoratli so‘zlar aytganlari uchun, Qilichdan halok bo‘ladi. Bu qilmishlari uchun, Misrda kulgi bo‘lishadi.” Egamiz shunday deydi: “Qani bo‘ling, bong uring! Dushman kalxatday uyimga yopirilmoqda. Axir, xalqim ahdimni barbod qildi, Ular qonunimni buzdi. Isroil xalqi Menga faryod qiladi: ‘Ey Xudoyim, Seni tan olamiz’, deb aytadi. O‘zlari esa ezgulikni rad etishdi, Dushmanlar ularni ta’qib qiladi. Ular roziligimni so‘ramay shohlar tanlashdi, Ijozatimni olmay, mulozimlar tayinlashdi. Oltinu kumushlaridan butlar yasashdi, Shu orqali boshlariga halokat keltirishdi. Samariyaliklarning buzoqsimon butini Men rad etdim! Ulara qarshi alanga olgandir Mening g‘azabim. Qachon o‘zini poklab oladi? Butni Isroillik hunarmand yasagan–ku, But Xudo emas! Samariya shahrining buzog‘i parchalanib tashlanadi. Shamolni ekkan odam bo‘ronni o‘rib olar. Bug‘doy boshoqsiz bo‘lsa, xalq nonga zor bo‘lar. Bug‘doyingiz boshoq tuggan taqdirda ham, Uni begonalar yeb ado qilar. Boshqa xalqlar orasida Isroil ado bo‘ldi, Qadrsiz sopol idishga u o‘xshab qoldi. Yolg‘iz daydigan qulonday u, Ossuriyaga yordam so‘rab bordi. Efrayim o‘zini o‘ynashlariga sotdi. U boshqa xalqlarga sotilgan bo‘lsa ham, Men uni yig‘ib olaman. Ossuriya shohining zulmi ostida U tezda xazon bo‘ladi. Efrayim gunohlarini yuvmoqchi bo‘ldi, Qurbongohlar qurib tashladi. Qurbongohlar esa gunoh makoni bo‘lib qoldi. Men bu xalqqa ko‘plab qonunlar yozdim, Biroq qonunlarimni ular yot deb biladi. Ular Menga, Egasiga a’lo qurbonliklar keltirishsa ham, Qurbonlik go‘shtidan tanovul qilishsa ham, Men ulardan mamnun bo‘lmayman. Men jinoyatlarini esga olaman, Gunohlari uchun jazosini beraman. Ular Misrga qaytib ketadi. Isroil o‘z Yaratuvchisini unutib, saroylar qurdi. Yahudo ko‘plab shaharlarni mustahkam qildi. Men esa shaharlariga o‘t qo‘yaman, Qal’alarini olovga yem qilaman.” Ey Isroil, bas qil shodligingni! Boshqa xalqlarday nishonlading sen bayramingni! Sen Xudoga bevafolik qilding. Baalga fohishaday sajda etding, Olgan hosilingni Baaldan to‘lov deb bilding. Endi xirmonu sharob meshlaring senga yetarlicha ozuqa bermas, Yangi sharobing chanqog‘ingni bosmas. Sen Egamizning yurtida qolmaysan, Misrga qaytib ketasan. Ossuriyada xarom ovqat yeysan. Egamizga sharob nazr qila olmaysan, Keltirgan qurbonliklaring Unga ma’qul bo‘lmaydi. Bunday qurbonliklar azadorning noniga o‘xshaydi, Undan yeganlarning hammasi bulg‘anadi. Zero, sening noning qorin uchun xolos, Bunday nonlar Egamizning uyiga kiritilmaydi, Egamizga ular nazr qilinmaydi. Ey Isroil, endi sen tayinlangan bayramlarni o‘tkaza olmaysan! Egamizning muqaddas yig‘inlarini nishonlay olmaysan! Sen ofatdan qochib qutulsang ham, Misr senga changalini soladi, Poytaxti Nuf senga qabr bo‘ladi. Kumush xazinalaring yantoqqa nasib bo‘ladi, Chodirlaringni tikanak o‘t bosadi. Mana, hisob–kitob vaqti keldi! Jazo olish vaqti yetdi! Ey Isroil, tez orada sen bundan xabar topasan. Axir, ko‘plab gunohlaring sababli, Cheksiz adovatga to‘lgansan. Sen payg‘ambarlarni ahmoq hisoblaysan, Ruhdan ilhomlangan odamlarni telba, deb bilasan. Ey Efrayim xalqi, Egam meni sizlarga posbon qildi. Ammo sizlar payg‘ambarlarni tuzoqqa tushirdingiz, Xudoyingizning uyini adovatga to‘ldirdingiz. Givoda razillik qilgan ajdodlaringizga o‘xshab qoldingiz, Ularday yaramas ishlarga berilib ketdingiz. Ammo Xudo jinoyatingizni esga oladi, Gunohingizga yarasha jazoingizni beradi. Egamiz shunday deydi: “Men Isroilni ilk bor topganimda, Sahroda uzum solgan tokni topganday bo‘ldim. Ha, ota–bobolarini birinchi ko‘rganimda, Anjirning chillaki mevalarini ko‘rganday bo‘ldim. Ammo ular Piyordagi Baalga kelganda, O‘zlarini o‘sha sharmanda butga bag‘ishladilar. Ko‘ngil qo‘ygan o‘sha butday jirkanch bo‘lib qoldilar. Efrayimning shuhrati qushday uchib ketadi. Ularda na farzand tug‘iladi, Na ayollari homilador bo‘ladi, Na pushti kamaridan bola bino bo‘ladi! Farzand o‘stirish nasib qilgan taqdirda ham, Birontasini qoldirmay yo‘q qilaman. Holiga voy, ularni tark etaman! Men Efrayimni ko‘rganimda, U Tir shahriga o‘xshardi, Go‘zal yerda joylashgandi. Ammo endi Efrayim o‘z bolalarini Qotil oldiga olib chiqadi.” Ey Egam, bu xalqingga Sendan nima tilay?! Ayollarini bepusht qilgin, Emiza olmaydigan qilgin. Egamiz shunday deydi: “Ularning har bir qabihligi Gilgaldan boshlangan, O‘sha yerda nafratlana boshladim ulardan. Qabih qilmishlari uchun, Ularni uyimdan haydab chiqaraman. Endi ularni sevmayman. Ularning hamma beklari Menga qarshi bosh ko‘targan. Efrayim quladi, Uning ildizlari quridi, Meva berishga u ojiz bo‘ldi. Farzand ko‘rgan taqdirda ham, Avaylagan zurriyotini o‘ldiraman.” Isroil xalqini Xudoyim rad etadi, Ular Xudoga itoat qilmadi. Xalqlar orasida darbadar bo‘lishadi. Isroil gurkiragan, Hosildor tok kabidir. Ammo hosili ko‘paygani sari, U ko‘plab qurbongohlar qurdi. Yurti ravnaq topgani sari, Butsimon toshlariga zeb berdi. Ichi qora bu xalq endi ta’zirini yeydi. Xudo qurbongohlarini vayron qiladi, Butsimon toshlarini sindirib tashlaydi. Ko‘p o‘tmay ular aytishadi: “Biz Egamizdan qo‘rqmadik, Shuning uchun shohimizdan ayrilib qoldik. Ammo shohning qo‘lidan nima ham kelardi?!” Ular bema’ni gaplar gapirmoqda, Soxta qasamlar ichib, ahdlar tuzishmoqda. Natijada egatlardagi zaharli o‘tday, Da’volar unib chiqmoqda. Samariya ahli Bayt–Obundagi Oltin buzog‘idan xavotir oladi, Uning uchun ular aza tutishadi. Butidan xursand bo‘lgan ruhoniylar ham But surgun bo‘lganidan yig‘lashadi. Butning o‘zi Ossuriyaga olib ketiladi, Buyuk shohga taqdim qilinadi. Efrayim sharmanda bo‘ladi, O‘z rejalari dastidan Isroil uyatga qoladi. Samariya shohi suvga g‘arq bo‘lgan payrahaday Halok bo‘ladi. Isroilning gunohiga sabab bo‘lgan Obundagi sajdagohlar yo‘q qilinadi. Qurbongohlarini yantog‘u tikan bosadi. Odamlar tog‘larga: “Bizni bosib qoling!” deya baqirishadi. Qirlarga: “Ustimizga qulang!” deb yolvorishadi. Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil, sen Givoda gunoh qila boshlading, O‘sha yerda gunohdan chiqmay qoldi sening boshing. Givodagi jinoyatchilar jazosini olganday, Sen ham jazodan qochib–qutulolmaysan. Men xohlagan paytimda jazoingni beraman. Senga qarshi xalqlarni birlashtiraman. Ikki barobar ko‘paygan jinoyatlaring uchun, Dushmanlar senga kishan soladi. Efrayim o‘rgatilgan buzoqqa o‘xshardi, Yanchishni u xo‘p yaxshi ko‘rardi. Mana endi uning go‘zal bo‘yniga, Men bo‘yinturuq taqaman. Endi unga omoch torttiraman. Qani, Yahudo shudgor qilsin! Yoqub o‘zi uchun mola bossin! Ey Isroil, o‘zingiz uchun solihlik urug‘ini eking, Cheksiz sevgini o‘rib oling. Haydalmagan yeringizga ishlov bering, Vaqt keldi! Menga intiling! Shunda Men oldingizga boraman, Yomg‘ir yog‘dirganday, sizga najot beraman. Sen yovuzlikni ekding, Adolatsizlikni o‘rib olding, Yolg‘onning mevasidan yeding. Sen o‘z yo‘lingga tayanganing uchun, Son–sanoqsiz sipohlaringga ishonganing uchun, Jangu jadallar seni chetlab o‘tmaydi. Shoh Shalman Bayt–Arbelni jangda vayron qilganday, Xotin, bola–chaqalarni toshga urib o‘ldirganday, Hamma shaharlaring vayron bo‘ladi. Ey Baytil, sen qabihliklar qilganing uchun, Bu kunlar boshingga tushadi. Tong otgach, ey Isroil, shohing o‘ldiriladi.” Egamiz shunday deydi: “Men Isroilni bolaligida yaxshi ko‘rar edim, O‘z o‘g‘lonimni Misrdan chaqirib olgan edim. Uni qancha ko‘p chaqirsam, Mendan shuncha ko‘p uzoqlashardi. Baalga qurbonliklar keltirardi, Butlarga tutatqilar nazr qilardi. Efrayimga yurishni Men o‘rgatgan edim, Uni qo‘llarimda ko‘tarib yurgan edim. Ammo qilgan g‘amxo‘rligimni u bilmadi. Men esa uni mehr ila yetaklagandim, Muhabbat rishtalari ila olib yurgan edim. Bo‘ynidan bo‘yinturuqni olib tashlagandim, Oldiga engashib, uni oziqlantirgandim. Xalqim tavba qilishdan bosh tortdi. Shuning uchun Men ularni endi Misrga jo‘natib jazolamayman, Zolim Ossuriyaga tobe qilaman. Shaharlarida qilich hukm suradi, Darvozalarining tambalarini yo‘q qiladi. Yovuz rejalari tufayli xalqim qilichdan haloq bo‘ladi. Qachon qarasa ular Mendan yuzini o‘girishadi. Yana Menga — Xudoyi Taologa faryod qilishadi, Ammo Men ularni aslo yuksaltirmayman. Ey Efrayim, qanday qilib sendan voz kechay?! Ey Isroil, qanday qilib seni tashlab ketay?! Admani yo‘q qilganimday seni yo‘q qila olarmikanman?! Zavo‘yimga qilganimni senga qila olarmikanman?! Bunday qilishga yuragim betlamas aslo! Senga bo‘lgan mehrim uyg‘ondi. Yo‘q, sochmayman senga qahr–g‘azabimni, Ey Efrayim, qayta barbod qilmayman seni, Zero, Men Xudoman, inson emas, Orangizdagi Muqaddas Xudoman, Oldingizga jahl bilan bormayman. Sherday o‘kirganimda xalqim ortimdan ergashadi, Ovozimni eshitgach, farzandlarim g‘arbdan titrab kelishadi. Ular Misrdan ham qushlarday titrab kelishadi, Ossuriya yurtidan ham kaptarlarday qaltirab kelishadi. Men ularni uylariga eltib qo‘yaman, — Egamizning kalomi shudir. — Efrayim atrofimni yolg‘on bilan o‘rab tashladi, Isroil xonadoni Meni hiylaga ko‘mib tashladi. Yahudo xalqi Menga qarshi bosh ko‘tardi, Menga, Muqaddas Xudoga ular itoat qilmayapti.” Efrayim garmsel boqib yurar, Kun bo‘yi sharqdan esgan shamol ketidan quvar. Yolg‘onu zo‘ravonlikni u orttirar. Ossuriya bilan sulh tuzib, Zaytun moyini Misrga jo‘natar. Yahudoga Egamiz da’vo qiladi. Yoqub naslining ta’zirini U beradi, Tutgan yo‘liga yarasha uni jazolaydi. Onasining qornidayoq Yoqub akasi bilan talashgan, Ulg‘aygach esa Xudo bilan olishgan. Farishta bilan olishib, uni yenggan edi, Keyin yig‘lab, iltifot qilishini so‘ragandi. Baytilda Yoqub Xudoni topgandi, O‘sha yerda Xudo bilan suhbat qurgandi. Sarvari Olam — Xudo O‘shadir, Egamizdir Uning nomi! Ey Yoqub nasli, Xudoyingizga qayting. Sevgi va adolatga intiling, Sabr–toqat ila Xudodan umid qiling. Egamiz shunday deydi: “Xalqim tarozidan urgan savdogarga o‘xshaydi, Firibgarlik qilishni ular xo‘p yaxshi ko‘radi. ‘O, men boyman’, deb maqtanasan, ey Efrayim. ‘Men o‘zimga davlat orttirdim, Borimni peshana terim bilan topdim. Hech kim meni gunohda ayblay olmas.’ Ammo Egangiz Xudo — Menman, Seni Misrdan olib chiqqanman. Men senga sahroda zohir bo‘lar edim, O‘sha davrdagiday seni yana chodirlarda yashattiraman. Men payg‘ambarlarga gapirgandim, O‘zim ularga ko‘p vahiylar bergandim, Ular orqali matallar aytgandim.” Giladda butparastlik qilindi. Uning ahli albatta barham topadi. Gilgalda buqalar qurbonlik qilindi, Qurbongohlar egatlardagi behisob tosh uyumlarga o‘xshaydi. Yoqub Oram yurtiga qochib bordi, Xotin olish uchun u xizmat qildi, Qalin evaziga qo‘ylar boqdi. So‘ng Egamiz payg‘ambar orqali Isroilni Misrdan olib chiqdi, Payg‘ambar ularga g‘amxo‘rlik qildi. Ammo Efrayim Egamizni qattiq ranjitdi. To‘kkan qon uchun Efrayimni Rabbiy jazolaydi, Uni haqoratlagani uchun adabini beradi. Egamiz shunday deydi: “Ilgari Efrayim gapirganda hammani titroq bosardi, Isroilda uning martabasi ulug‘ edi. Ammo Efrayim Baalga sajda qilib, gunoh orttirdi, Shunday qilib, o‘zini o‘limga mahkum etdi. Hozir ham xalqim gunoh ustiga gunoh qilishar. O‘zlariga butlar yasashar, Kumushdan mahorat bilan sanamlar ishlashar, Bularning barchasi bor–yo‘g‘i hunarmandning ishi! Bunday odamlar to‘g‘risida bordir bir matal: Butga qurbonlik qilgan — buzoqni o‘pgan bo‘lar! Shuning uchun ular tonggi tumanday bo‘ladi, Birpasda g‘oyib bo‘ladigan shudringga o‘xshab qoladi. Shamol xirmondan uchirgan to‘ponday ular g‘oyib bo‘ladi, Mo‘ridan chiqadigan tutunga o‘xshab qoladi. Ammo Egangiz Xudo — Menman. Ey Isroil, seni Misrdan olib chiqqanman. Mendan boshqa Xudoni sen bilmaysan, Mendan boshqa yo‘qdir najotkoring. Men sahroda senga g‘amxo‘rlik qildim, Suvsiz qaqragan cho‘lda seni boqdim. Seni boqqanimda qorning to‘ydi, Qorning to‘ygach, manman bo‘lib ketding, Shu sababdan sen Meni unutding. Endi Men yo‘lingni qoplonday poylayman, Senga bir sherday hujum qilaman. Bolalaridan ayrilgan ona ayiq kabi tashlanaman, Seni tilka–pora qilaman. O‘sha joydayoq seni sherday g‘ajiyman, Yirtqichga o‘xshab seni qonga belayman. Ey Isroil, o‘z boshingga o‘zing balo orttirding, Axir, Menga — O‘z Madadkoringga qarshi chiqding. Shaharlaringni qutqaradigan shohing qani?! ‘Bizga shohu hokimlar ber’, deb so‘ragan boshliqlaring qani?! Men jahl ustida senga shohlarni berdim, G‘azabga minganimda ularni olib tashladim. Efrayimning jinoyati yozib qo‘yilgan, Ha, uning gunohi kitobga bitilgan. Isroilning yashashga imkoniyati bor edi, Ammo u nodon bolaga o‘xshadi, Onani to‘lg‘oq tutganda, U qorindan chiqishni xohlamadi. Men bu xalqni o‘liklar diyoridan qutqararmikanman?! Ularni o‘limdan xalos qilarmikanman?! Ey o‘lim, qirg‘in olib kelgin! Ey o‘liklar diyori, halokatli kuchingni ko‘rsatgin! Endi Men rahm–shafqat qilmayman.” Isroil qarindoshlari orasida Serpusht va farovon bo‘lsa–da, Egamiz uning ustiga sharq shamolini yuboradi, Sahrodan esgan garmselni jo‘natadi. Isroilning bulog‘ini quritadi, Uning chashmasini qovjiratadi. Xazinasidagi qimmatbaho ziynatlarini tortib oladi. Samariya aholisi o‘z Xudosiga qarshi bosh ko‘tardi, Endi ular gunohining jazosini tortadi. Ular qilichdan halok bo‘ladi, Dushmanlar go‘daklarini yerga urib o‘ldiradi, Homilador ayollarning qorinlarini yoradi. Ey Isroil, Egang Xudoga qaytgin! Axir, gunoh tufayli sen qulading. Gapingni tayyorlab, Egamizga qayt. Sen Unga shunday deb ayt: “Gunohlarimizdan kechib yuborgin, Ibodatimizni qabul qilgin. Biz Senga madhiyamizni nazr qilamiz. Ossuriya bizga najot bermaydi, Biz jangovar otlarga minmaymiz. Qo‘l bilan yasalgan butlarni Endi biz: ‘xudolarimiz’, deb atamaymiz. Ey Egamiz, biz — yetimlarga Faqat Sen rahm–shafqat qilasan.” Egamiz shunday deydi: “Men xalqimga shifo berib, Ularni bevafolikdan qaytaraman, Ularga qayta ko‘ngil qo‘yaman, Men jahldan tushdim. Men Isroil uchun shudringday bo‘laman, Shunda Isroil nilufarday ochiladi, Lubnon o‘rmoniday tomir otadi. Ularning novdalari o‘sib chiqadi, Zaytun daraxtiday ko‘rkam bo‘ladi, Lubnon sadriday muattar hid taratadi. Ularning soyasida xalqlar yashaydi. Isroil mo‘l bug‘doy yetishtiradi, Ular uzumzorday ko‘p hosil berishadi, Lubnon sharobiday mashhur bo‘lishadi. Ey Efrayim, butlaring bilan Mening ishim yo‘q! Men ibodatlaringga javob beraman, Senga g‘amxo‘rlik qilaman. Men doim yashil sarv daraxti kabidirman, Olgan mo‘l hosilingning manbaidirman.” Kim dono bo‘lsa, Bu yerda yozilgan so‘zlarni tushunadi, Kim fahm–farosatli bo‘lsa, Bularning hammasini anglab oladi. Egamizning yo‘llari to‘g‘ridir. Solihlar ulardan yuradi, Isyonchilar esa qoqilib tushadi. Patuval o‘g‘li Yo‘elga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: Ey, oqsoqollar, buni eshiting! Yahudo odamlari, siz quloq tuting! Yuz berganmi hech bunday falokat Sizning yoki ota–bobolaringiz zamonida?! Bu haqda farzandlaringizga ayting siz, Bolalariga so‘zlab bersin farzandlaringiz, Keyingi avlodga yetkazsin nabiralaringiz. Qirg‘in keltiruvchi chigirtkadan qolganini Yeb bitirdi kemiruvchi chigirtka galasi. Kemiruvchi chigirtka galasidan qolganini Yeb bitirdi sakraydigan chigirtka galasi. Sakraydigan chigirtkadan qolganini Yeb bitirdi qirtishlovchi chigirtka galasi. Uyg‘oninglar, ey, mayxo‘rlar, yig‘langlar! Ey, sharobxo‘rlar, faryod qilinglar! Sharob og‘zingizdan tortib olindi, axir. Bostirib keldi yurtimizga lashkarlar, Son–sanoqsiz kuchli bahodirlar. Arslon tishiga o‘xshar tishlari, Go‘yo urg‘ochi arslonniki qoziq tishlari. Uzumzorlarimizni ular payhon qilishdi, Anjir daraxtlarimizni sindirishdi, Shoxlariyu novdalar po‘stlog‘in shilib, Hammasini ship–shiydam qilishdi. Qanorga o‘raning, ey, odamlar, faryod qiling, Kuyovidan judo bo‘lgan kelinchak kabi. Egamiz uyidan uzilgan sharob, don nazri, Aza tutayotir Egamizning xizmatkor ruhoniylari. Xarob bo‘ldi ekinzorlar, Motam tutayotir dalalar. Bug‘doy boshoqlari qovjirab qoldi, Uzum sharbati ham oqmay to‘xtadi, zaytun moyi ham tamom quridi. Qayg‘urmaysizlarmi, ey, dehqonlar?! Faryod solmaysizlarmi, ey, bog‘bonlar?! Nobud bo‘lib ketdi–ku arpa, bug‘doyingiz, Xarob bo‘lib ketdi–ku jamiki hosilingiz. Uzum toki so‘lidi, anjir daraxti quridi. Xazon bo‘ldi anor, xurmo, olma — hamma daraxtlar. Inson sevinchi tamom qurib bitdi! Qanorga o‘ranib motam tuting, ey, ruhoniylar! Faryod qiling qurbongohda xizmat qiladiganlar! Tunni ham qanorda o‘tkazing sizlar, Ey, Xudoyimning xizmatida yurganlar! Xudoyingiz uyida nazr qilgani Don va sharob qolmadi, axir. Ro‘za kunlarini belgilanglar, O‘sha kunlarga yig‘in e’lon qilinglar. Yig‘ib kelinglar oqsoqollarni, Yurtning jamiki aholisini. Egangiz Xudoning uyiga yig‘inglar, Egamizga iltijo qilib yolvoringlar! Sho‘rimiz qurisin, evoh! Egamizning kuniga oz qoldi, Qodir Xudo kulfat keltiradi! Rizq–ro‘zimiz ko‘z o‘ngimizda qirqildi–ku! Xudoyimiz uyida shod–xurramlik tugadi–ku! Kesaklar tagida urug‘lar nobud bo‘ldi, Donli ekinlar unmasdan qoldi. Omborxonalar bo‘m–bo‘sh yotibdi, Don omborlari xarob bo‘libdi. Ingramoqda hayvonlar naqadar! Axir, qurigan–ku o‘tloqlar. Daydib yurar mol podalari, Gangigan hatto qo‘y suruvlari. Ey Egam, Senga men faryod qilurman! Axir, olov yamladi dashtdagi yaylovlarni, Yong‘in yo‘q qildi daladagi daraxtlarni. Hatto yovvoyi hayvonlar ham Senga nola qilmoqda! Axir, irmoqlar ham qurib ketdi, Dashtdagi yaylovlarni olov yamladi. Sionda burg‘u chalinglar! Egamizning muqaddas tog‘ida bong uringlar! Titrasin Yahudoning jamiki ahli, Axir, kelyapti Egamizning kuni. U kunga oz vaqt qoldi. Zimziyo zulmat kuni bo‘lur u kun, Bulut qoplagan tim qorong‘i bo‘lur u kun! Katta kuchli lashkar yurtni bosar, Yorishgan tongday tog‘lar uzra yoyilar. Bunaqasi azaldan hech sodir bo‘lgan emas, Bundan keyin ham hech qachon sodir bo‘lmas. Alanga yutib borar ular oldidan, Olov guvullab yonar ular ortidan, Biron jonzot qochib qutulmas ulardan. Ilgari edi zamin Adan bog‘iday, Endi bo‘lib qoldi qaqroq sahroday. Ularning ko‘rinishi otlarga o‘xshar, Jang otlari kabi hujum qilishar. Tog‘ cho‘qqilariga sakrab chiqishar, Jang aravasiday gumburlab chopar, Yonayotgan xas–cho‘p kabi chirsillar, Jangga tayyor bo‘lib saf tortgan Kuchli lashkarga o‘xshar ular. Ularning oldida xalqlar dahshatga tushar, Hammaning yuzi bo‘zday oqarib ketar. Jangchilarday hujum qilar bu lashkar, Sipohlarday devordan oshib tushar. Safdan chetga chiqmay olg‘a bosishar. Bir–birlarin turtmaslar, Hammasi o‘z yo‘lida ketar. G‘ovlarni ham yorib o‘tishar, Hech narsa ularni to‘xtata olmas. Bostirib borishar ular shaharga, Yopirilishar shahar devorlariga. Uylarga tirmashib chiqishar, O‘g‘riday derazalardan ichkariga kirishar. Ularning oldida zamin titrar, Osmonu falak qaltirab turar. Quyosh ham, oy ham qorayar, Yulduzlar nuri so‘nar. Egamiz lashkarning boshida turar, Lashkariga O‘z sadosin berar. Naqadar behisob Uning qo‘shini, Uning amriga bo‘ysunadiganlar qudratli. Egamizning kuni chindan dahshatli! Bu vahimali kunga bardosh bergay kim?! Egamizning kalomi shudir: “Hozir ham kech emas, Ro‘za tutib, yig‘lab, qayg‘urib, Butun qalbingiz bilan Menga qaytinglar. Kiyimingizni emas, bag‘ringizni yirtinglar.” Egangiz Xudoga qaytinglar, U inoyatli, Rahmdil, jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir, G‘azabidan tushib kechiradigan Xudodir. Kim bilsin, U shashtidan qaytar, Balki xirmoningizga baraka berar. Shunda Egangiz Xudoga sizlar Don bilan sharob nazrin taqdim qilasizlar. Burg‘u chaling Sionda! Ro‘za kunlarin belgilanglar, O‘sha kunlarga yig‘in e’lon qilinglar. Yig‘ing jamiki xalqni, Pok qiling jamoani. Chaqirtiring qariyalarni, Olib keling bolalaru emizikli go‘daklarni. Hatto yangi kelin–kuyovlar ham Chimildiqdan chiqib kelishsin. Ma’badning ayvoni bilan qurbongoh orasida Yig‘lashsin Egamizning xizmatkor ruhoniylari, Yolvorishsin shunday deya Xudoga: “Ey Egamiz, shafqat qilgin xalqingga, Mulking bo‘lgan Isroil ellar aro kulgi bo‘lmasin. ‘Ularning Xudosi qani?!’ deya xalqlar bizni mazax qilmasin!” Egamiz O‘z yurtiga jon kuydirdi shul zamon, O‘z xalqiga rahm qildi U o‘shal on. Javob berdi U xalqiga shunday debon: “To‘q bo‘lasiz, sizlarga beraman sharob, moy va don. Xalqlar orasida mazax bo‘lishingizga endi yo‘l qo‘ymayman. Daf qilaman shimoldan kelgan lashkarlarni, Haydab solaman qaqroq, huvullagan sahroga ularni. O‘lik dengizga uloqtiraman ilg‘or qismlarini, O‘rta yer dengiziga suraman orqa qismlarini. Jasadlaridan qo‘lansa hid anqiydi.” Bajo qildi Egamiz buyuk ishlarini! Ey zamin, qo‘rqma! Xursand bo‘l, shodlan. Bajo qildi Egamiz buyuk ishlarini! Qo‘rqmanglar endi, ey, yovvoyi hayvonlar, Chunki yam–yashildir dashtdagi yaylovlar, Meva berayotir endi daraxtlar, Anjir va uzumning hosili mo‘ldir. Ey Sion xalqi, xursand bo‘linglar, Egangiz Xudoning ishlaridan sevininglar. Sizlarga U yon bosib, yomg‘irni mo‘l yog‘dirdi. Oldingiday, kuz, bahorda yomg‘irni quydirdi. Endi xirmonlar donga to‘lib ketadi, Xumlar sharobu moy bilan to‘lib–toshadi. Egamiz shunday deydi: “Zarar ko‘rdingiz qirg‘in keltiruvchi, Yemiruvchi chigirtkalar dastidan, Ekinzorlaringizni kemirib tashlagan Sakraydigan chigirtka galasi dastidan, Ko‘rgan zararingizni Men qoplayman. Bu kuchli lashkarni sizga qarshi Men yuborganman. Endi sizlar xohlaganingizcha yeysiz, Sizlar uchun ajoyibotlar ko‘rsatgan Men, Egangiz Xudoga hamdu sano aytasiz. Ey xalqim, hech qachon sharmanda bo‘lmaysan endi! Ey Isroil, Men orangda ekanimni bilib olasan shunda, Men Egangiz Xudoman, yo‘qdir Mendan boshqasi. Ey xalqim, hech qachon sharmanda bo‘lmaysan endi! So‘ngra O‘z Ruhimni yog‘diraman har bir inson ustiga, Vahiylar keladi yigitlaringizga. Bashorat qilurlar sizning o‘g‘il–qizlaringiz. Karomatli tushlar ko‘rurlar qariyalaringiz. O‘z Ruhimni yog‘diraman o‘sha kunlarda, Hattoki qulu cho‘rilaringiz ustiga. [30-31] Mening buyuk va dahshatli kunim kelishidan oldin, Men yeru osmonda alomatlarni ko‘rsataman. Yer yuzida qonni, olovni va tutun ustunlarini paydo qilaman. Quyosh qorayadi, oy qon tusiga kiradi.” *** Shunda Xudo da’vat etgan odamlar omon qoladi. Ha, Egamizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi. Egamiz aytganiday, Sion tog‘iga va Quddusga qochib borganlar najot topishadi. Egamiz shunday deydi: “O‘sha kunlarda Men Yahudo va Quddusning oldingi mavqeini tiklayman. So‘ng barcha xalqlarni yig‘ib, Hukm vodiysiga olib tushaman. U yerda xalqim Isroil haqi uchun ular bilan da’volashaman, chunki ular Mening xalqimni turli ellarga tarqatib yubordilar. Yurtimni esa o‘zaro bo‘lishib oldilar. Ular xalqim uchun qur’a tashlab, o‘g‘il–qizlarimni sotib yubordilar. Tushgan pulga fohishabozligu aysh–ishrat qildilar. Ey Tir, Sidon va butun Filist xalqi, Menda nima qasdingiz bor?! Sizlar hali Mendan o‘ch olmoqchimisiz?! Bordi–yu, niyatingiz shu bo‘lsa, Men o‘sha zahotiyoq qilmishingizga yarasha jazoingizni beraman. Sizlar oltinu kumushlarimni tortib oldingiz, qimmatbaho xazinalarimni sajdagohlaringizga olib ketdingiz. Yahudo va Quddus xalqini yunonlarga sotib, o‘z vatanidan yiroq qildingiz. Endi Men Yahudo va Quddus xalqini sizlar sotgan yurtlardan olib chiqaman. Qilmishingizga yarasha jazoingizni beraman. O‘g‘il–qizlaringizni Yahudo xalqiga sotaman, ular esa farzandlaringizni olisdagi bir xalqqa — Savoliklarga sotishadi.” Zotan, bu so‘zlarni Egamiz aytdi. Xalqlar orasida shunday deb e’lon qiling: “Jangga tayyorlanib, jangchilarni safarbar qiling! Sipohlaringiz hujum qilsin! Omochlaringizdan yasang qilichlar, O‘roqlaringizdan qiling nayzalar. Zaiflar ham qo‘liga qurol tutsin. Ey tevarakdagi xalqlar, shoshiling, Qani, hammangiz vodiyda to‘planing.” O‘z sipohlaringni, ey Egam, chaqir! Egamiz shunday deydi: “Barcha xalqlar bo‘lsin safarbar, Hukm vodiysiga kelishsin ular. Men u yerda o‘tirurman, Hamma xalqlar ustidan hukm chiqarurman. Qani kelinglar, Yetilgan bug‘doyni o‘rganday ularni o‘ringlar, Pishgan uzumni ezganday, bosib yo‘q qilinglar, Xumlar to‘lgan, Ularning qabihliklari bilan to‘lib–toshgan.” Ming–minglab olomon To‘plangan Hukm vodiysida! Zotan, yaqinlashgandir Egamizning kuni Hukm vodiysiga. Quyosh ham, oy ham qoraygan, Yulduzlar nuri so‘ngan. Egam Siondan turib hayqirar, Quddusdan gulduros ovozi yangrar, Yeru osmon larzaga kelar. Ammo Egam O‘z xalqini panohiga olar, U Isroil xalqining qo‘rg‘oni bo‘lar. Egamiz shunday deydi: “Ey xalqim, shunda sizlar Egangiz Xudo Men ekanligimni bilasizlar. Men muqaddas tog‘im Sionda qurganman maskan. Tabarruk bir shahar bo‘ladi Quddus, Bosqinchilar endi aslo unga qilmas tajovuz. O‘sha kuni sut oqar qirlardan, Uzum sharbati kelar tog‘lardan, Yahudodagi o‘zanlar suvga to‘lar, Mening uyimdan buloq otilib chiqar, Qaqroq Shitim vodiysini sug‘orar. Misr huvullab, Edom bo‘m–bo‘sh sahroga aylanar. Oh, Yahudo xalqiga zulm o‘tkazdi ular, Begunoh odamlarning qonin to‘kdilar. [20-21] Men albatta jazolayman ularni! Aslo oqlamayman jinoyatchilarni! Yahudo esa abadiy yashar, Quddus avlodlar osha barqaror bo‘lar. Men, Egangiz, Sionda qurganman maskan.” Ushbu kitobda taxuvalik cho‘ponlardan biri bo‘lgan Amosning so‘zlari bayon etilgan. Isroil to‘g‘risidagi bu so‘zlar Amosga zilziladan ikki yil avval vahiy orqali ayon bo‘lgan edi. O‘sha davrda Yahudo yurtida shoh Uzziyo, Isroil yurtida esa Yo‘sh o‘g‘li shoh Yoribom hukmronlik qilayotgan edilar. Amos shunday dedi: “ Egamiz Siondan turib o‘kiradi, Quddusdan gulduros ovozi yangraydi! Cho‘ponlarning yaylovlari qurib qoladi, Karmil cho‘qqisidagi o‘tlar xazon bo‘ladi.” Egamiz shunday demoqda: “Damashq aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular Gilad aholisini temir tishli xo‘ptir bilan yanchidi. Shunday ekan, Men shoh Xazayilning saroyiga olov yog‘diraman, Olov Banhadadning qal’alarini kuydirib tashlaydi. Men Damashq darvozalarining tambalarini sindiraman. “Qabihlik vodiysi”ning hukmdorini yo‘q qilaman, Bayt–Edenda saltanat hassasini tutgan zotni halok qilaman. Oram xalqi asirlikka tushadi, Xir yurtiga olib ketiladi.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “G‘azo aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular butun bir xalqni asirlikka olib, Edomga qul qilib sotdilar. Shunday ekan, Men G‘azo devoriga olov yog‘diraman, Olov G‘azo qal’alarini kuydirib tashlaydi. Men Ashdod shahrining hukmdorini yo‘q qilaman, Ashqalonda saltanat hassasini tutgan zotni halok qilaman. Exron shahriga qarshi qo‘l ko‘taraman, Omon qolgan Filistlarni qirib tashlayman!” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “ Tir aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular birodarlik ittifoqini unutib, Butun bir xalqni Edomliklarga qul qilib sotdilar. Shunday ekan, Men Tir devoriga olov yog‘diraman, Olov Tir qal’alarini kuydirib tashlaydi.” Egamiz shunday demoqda: “Edom aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular qardoshi Isroil xalqiga rahm qilmadilar. Ularni qilich bilan ta’qib qilib, Qahrini cheksiz sochdilar, G‘azabidan hech tushmadilar. Shunday ekan, Men Temon shahriga olov yog‘diraman, Bozrax qal’alarini olov kuydirib tashlaydi.” Egamiz shunday demoqda: “ Ommon xalqi gunoh ustiga gunoh qildi, Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular hududini kengaytirish uchun Giladga hujum qildilar, O‘shanda homilador ayollarning qorinlarini yordilar. Shunday ekan, Men Rabba shahrining devoriga o‘t qo‘yaman, Olov Rabba qal’alarini kuydirib tashlaydi. O‘sha kuni jangdagi hayqiriqlar falakni tutadi, Jang bo‘ron kabi avj oladi. Ommon shohi surgun qilinadi, U bilan birga mulozimlar ham olib ketiladi.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “ Mo‘ab xalqi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular Edom shohining qabrini bulg‘adilar, Suyaklarini yondirib ohak qildilar. Shunday ekan, Men Mo‘ab ustiga olov yog‘diraman, Olov Xariyo‘t qal’alarini kuydirib tashlaydi. Shovqin–suron ostida, bosqinchilarning hayqiriqlariyu, Burg‘u sadolari ostida Mo‘ab xalqi halok bo‘ladi. Men Mo‘ab hukmdorini yo‘q qilaman, U bilan birga mulozimlarini qirib tashlayman.” Egamizning kalomi shudir. Egamiz shunday demoqda: “ Yahudo xalqi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular qonunlarimdan yuz o‘girdilar. Qoidalarimni bajarmadilar. Ota–bobolari singari soxta xudolarga sig‘inib, Haq yo‘ldan ozdilar. Shunday ekan, Men Yahudo yurtiga olov yog‘diraman, Olov Quddus qal’alarini kuydirib tashlaydi.” Egamiz shunday demoqda: “ Isroil xalqi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular aybsizlarni pulga sotyaptilar. Kambag‘allarni bir juft choriqqa almashtiryaptilar. Yo‘qsilning boshini tuproqqa qorib, oyoq osti qilyaptilar, Mazlumni yo‘ldan chetga itarib chiqaryaptilar. Ota va o‘g‘il bitta juvon bilan yotib, Meni badnom qilyaptilar. Ular har bir qurbongoh oldida Garovga olgan liboslar ustida yotibdilar. O‘z Xudosining uyida, Jarima evaziga olgan sharobni ichyaptilar. Ey Isroil xalqi, Men sizni deb, Amor xalqini yo‘q qilgan edim. Ularning bo‘y–basti sadr daraxtiday baland, Eman daraxtiday baquvvat bo‘lgan bo‘lsa–da, Men ularning mevasini qovjiratgan edim, Ildizini quritgan edim. Amor xalqining yurtini sizlarga mulk qilib beraman deb, Sizlarni Misr yurtidan olib chiqqandim. Qirq yil sahroda sizlarga yo‘l ko‘rsatib yurgandim. Farzandlaringizdan payg‘ambarlar tayinladim, Ha, O‘zimga yigitlaringizdan nazrlar tanladim. Shunday emasmi, ey Isroil xalqi?! — deb aytmoqda Egamiz. — Sizlar esa nazr qilingan odamlarimga sharob ichirdingiz, Payg‘ambarlarimga: ‘Bashorat qilmanglar!’ deb buyurdingiz. Mana, endi sizlarni shu qadar ezamanki, Sizlar og‘ir yuk ostida g‘irchillagan aravaday bo‘lasiz. O‘shanda chaqqonlar ham qochib qutulolmaydi, Pahlavonlar ham kuchdan qoladi, Hatto jangchilar ham jonini saqlay olmaydi. Kamonchi dosh berolmaydi, Choparlar qutqara olmaydi o‘zini, Otliqlar saqlay olmaydi jonini. O‘sha kuni jasurlarning eng dovuragi ham Qurol–aslahalarini tashlab qochadi.” Egamizning kalomi shudir. Ey Isroil xalqi, Egamizning so‘zlariga quloq soling. U Misrdan olib chiqqan butun xalqingizga shunday deb aytmoqda: “Yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan Yolg‘iz sizlarni tanlab olgan edim. Shu sababdan ham gunohlaringizga toqat qila olmayman, Qilgan hamma gunohlaringiz uchun sizlarni jazolayman.” Ikki kishi kelishib olgandan keyingina birga yo‘lga tushadi. Sher qurbonini ko‘zlab qo‘ysagina, o‘rmonda o‘kiradi, Shervachcha o‘ljasini ushlasagina, uyasida irillaydi. Tuzoqqa yemish qo‘yilsagina, qush sirtmoqqa tushadi, Tuzoqqa hech narsa ilinmasa, sirtmoq tortilmaydi. Xo‘sh, shaharda burg‘u chalinsa, kim sarosimaga tushmaydi?! Egamizning irodasisiz hech bir kulfat shaharga kelmaydi. Darhaqiqat, Egamiz Rabbiy O‘z sirini payg‘ambarlariga ayon qiladi, Sirini o‘sha xizmatkorlariga ayon qilmay turib, U hech narsa qilmaydi. Ana, sher o‘kirdi! Kim qo‘rqmaydi?! Ana, Egamiz Rabbiy gapirdi! Kim bashorat qilmaydi?! Ashdod qal’alarida e’lon qiling, Misr qal’alarida shunday deb jar soling: “ Samariya atrofidagi qirlarda to‘planing, U yerdagi avjga chiqqan g‘alayonni bir ko‘ring, Zo‘ravonlikning guvohi bo‘ling.” Egamiz shunday demoqda: “Samariyaliklar qal’alarini harom boylikka to‘ldirdilar, To‘g‘rilik nimaligini ular bilmaydilar.” Shu sababdan Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Dushman Samariyani qurshovga oladi, Istehkomlarini vayron qiladi, Samariya qal’alari talon–taroj bo‘ladi.” Egamiz shunday demoqda: “Arslonning og‘zidan qo‘zichoqni tortib olmoqchi bo‘lgan cho‘pon, qo‘zichoqning ikki tuyog‘ini yoki qulog‘ining bir parchasini tortib oladi, xolos. Shu singari, Samariyada istiqomat qiluvchi Isroil xalqidan ayrimlarigina omon qoladi, ular bor–yo‘g‘i kursisining bir parchasiga, to‘shagining bir qismigagina ega bo‘ladi.” Parvardigori Olam — Egamiz Rabbiy demoqda: “Gapimni eshiting! Yoqub xonadoniga qarshi guvohlik bering! Men Isroil xalqini qilgan gunohi uchun jazolayman, O‘sha kuni Baytil qurbongohlarini vayron qilaman. Qurbongohning shoxlari kesilib, yerga tushib yotadi. Men qishki va yozgi saroylarni buzib tashlayman, Fil suyagi bilan bezatilgan koshonalarni vayron qilaman, Barcha hashamatli uylarni yo‘q qilaman.” Egamizning kalomi shudir. Ey Samariya ayollari, eshiting! Sizlar Bashandagi bo‘rdoqi sigirlarday semirib ketgansiz, Kambag‘allarga jabr qilasiz, yo‘qsilni ezasiz, Erlaringizdan ichkilik talab qilasiz. Egamiz Rabbiy O‘z muqaddas nomi haqi ont ichib demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Sizlarni ilmoqlar bilan sudrab ketishadi, Orqada qolganlaringizni qarmoqlar bilan tortib ketishadi. Har biringiz to‘ppa–to‘g‘ri devordagi teshiklardan chiqib ketasizlar. Sizlarni Xarmonga uloqtirishadi, — deb aytmoqda Egamiz. — Qani, endi Baytilga borib gunoh qilavering! Gilgalda gunohlaringizni ko‘paytiring! Sahardan qurbonliklar keltiring, Ertasiga ushrlar olib keling! Xamirturushli nonlarni Menga shukrona nazri qiling, Ko‘ngildan chiqarib bergan qurbonligingiz haqida Jar solib hammaga ayting, Axir, bunday qilishni xo‘p yaxshi ko‘rasiz, ey Isroil xalqi! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Men hamma shaharlaringizda sizlarga Tishingizning kirini so‘rdirdim, Qishloqlaringizni nonga zor qildim, Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Ekinzorlaringizga suv kerak bo‘lganda, Men yomg‘ir yog‘dirmadim. Bir shaharga yomg‘ir yog‘dirib, Boshqasiga yog‘dirmas edim. Bir dalani yomg‘ir suviga to‘ydirardim, Boshqasiga yomg‘ir yog‘dirmay, quritar edim. Shunda ikki–uch shahar aholisi suv ichgani Boshqa shaharga oyog‘ini sudrab borardi. Lekin sizlar suvga to‘ymadingizlar. Shunda ham Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Men hosilingizga shira va oqqirov qasalini yubordim. Chigirtkalar qayta–qayta bog‘u uzumzorlaringizni, Anjir va zaytun daraxtlaringizni nobud qildi, Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Misrda bo‘lgani kabi, orangizga falokat yubordim. Yigitlaringizni qilichdan o‘tkazdim, Otlaringizni dushmanlaringizga berdim. Qarorgohingizdagi jasadlarning qo‘lansa hidi bilan Dimog‘ingizni to‘ldirdim. Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Sado‘m va G‘amo‘rani yo‘q qilganim kabi, Men ko‘plaringizni yo‘q qildim. Sizlar alangadan chiqarib olingan yonayotgan o‘tinday edingizlar. Shunda ham Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Shunday ekan, ey Isroil, Men seni jazolayman. Xudoning oldida hisob berishga tayyorlangin!” Zero, Xudo tog‘larga shakl berdi, Shamolni yuzaga keltirdi. U o‘y–fikrini insonlarga ayon qiladi, Tonggi shafaq nurini zulmatga aylantiradi, Tog‘ cho‘qqilari uzra yuradi. Parvardigori Olam — Egamizdir Uning nomi! Ey Isroil xalqi, men sen haqingda aytayotgan marsiyamga quloq solgin: Bokira qiz Isroil talafot ko‘rdi, Endi u hech qachon o‘zini o‘nglab olmaydi! Tashlab ketilgan, u o‘z yurtida ag‘nab yotadi, Unga turish uchun hech kim yordam bermaydi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Bir shahringdan jangga chiqqan mingta jangchidan Yuztasi omon qoladi. Boshqa shahringdan jangga chiqqan yuzta jangchidan O‘ntasi omon qoladi.” Isroil xalqiga Egamiz shunday demoqda: “Menga intilinglar, shunda yashaysizlar. Baytilga esa bormanglar, Gilgalga oyoq bosmanglar, Bersheva tomon o‘tib yurmanglar. Axir, Gilgal aholisi surgun qilinadi, Baytil butkul vayron bo‘ladi.” Egamizga intiling, shunda yashaysiz. Aks holda, ey Yusuf xonadoni, Sizga Xudo olovday yopiriladi, Olov Baytilni yamlab yutadi. Yong‘inni o‘chiradigan odam bo‘lmaydi. Ey, adolatni zahar o‘tga aylantirganlar, Haqiqatni yerga uloqtirganlar, Sizning holingizga voy! Parvin va Hulkar yulduzlarini yaratgan Egamizdir, U zulmatni tonggi nurga aylantiradi, Kunduzni qorong‘ilikka cho‘ktirib, tun qiladi, Dengiz suvlarini yig‘ib, yer yuziga sochib yuboradi. Egamizdir Uning nomi. U kuchlilar ustiga kulfat yog‘diradi, Qal’alarni kulfatga giriftor qiladi. Sizlar esa adolatli qozilardan nafratlanasizlar, Haqiqatni gapiruvchilardan hazar qilasizlar. Kambag‘alning bug‘doyidan soliq olib, uni ezasizlar. Shunday ekan, yo‘nilgan toshdan qurgan uylaringizda yashamaysizlar. Barpo qilgan go‘zal uzumzorlaringiz mahsulidan sharob ichmaysizlar. Men bilaman sizlar gunohga botib ketganingizni, Ko‘plab jinoyatlarga qo‘l urganingizni. Sizlar aybsiz kishini ezib, pora yeysizlar, Mahkamalarda faqirni adolatdan mahrum qilasizlar. Shuning uchun farosatli odam bunday zamonda sukut saqlaydi, Axir, bu yovuz zamondir. Yomonlikning emas, Yaxshilikning payida bo‘linglar, Shunda yashaysizlar. Parvardigori Olam — Egamiz ham, O‘zlaringiz aytganingizday sizlar bilan birga bo‘ladi. Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni seving, Mahkamalarda adolat o‘rnating. Balki shunda, ey Yusuf naslidan omon qolganlar, Parvardigori Olam — Egamiz sizga iltifot qilar. Ey Isroil xalqi, gunohlaringiz tufayli Rabbiy, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Hamma shahar maydonlarida odamlar dod–faryod ko‘tarishadi, Hamma ko‘chalarda ‘Voy jonim! Voy jonim!’ deya yig‘i–sig‘i qilishadi. Dehkonlarni aza tutish uchun chaqirishadi, Marsiya aytadigan yig‘ichi ayollar yollanadi. Har bir uzumzordan fig‘on eshitiladi, Axir, Men orangizdan o‘tib, sizlarni jazolayman.” Egamizning kalomi shudir. Egamizning kunini intizorlik bilan kutganlarning holiga voy! Nega Egamizning kunini kutyapsizlar? Bu kun yorug‘lik emas, zulmat olib keladi–ku! O‘sha kuni sizlar go‘yo arslondan qochib, Ayiqqa duch kelgan odamday bo‘lasizlar. O‘sha odam ayiqdan ham qochib, uyiga keladi, Qo‘li bilan devorga suyanganda uni ilon chaqadi. Nahot tushunmasangiz?! Egamizning kuni yorug‘lik emas, Qorong‘ulik olib keladi–ku! O‘sha kun nursiz, zulmat kuni bo‘ladi! Egamiz shunday deydi: “Ey Isroil xalqi! Men marosimlaringizdan nafratlanaman, Ulardan hazar qilaman. Muqaddas yig‘inlaringizni xush ko‘rmayman. Menga qurbonliklar kuydirsangiz ham, Don nazrlarini atasangiz ham, Men ularni qabul qilmayman. Semiz hayvonlaringizni so‘yib, Tinchlik qurbonliklarini keltirsangiz ham, Men ulardan rozi bo‘lmayman. Bo‘ldi, bas qiling sershovqin ashulalaringizni, Men eshitmayman toringizning navolarini. Undan ko‘ra suvday oqsin adolat, To‘xtovsiz daryoday oqsin haqiqat. Ey Isroil xalqi, sizlar juda ko‘p qurbonliklar keltirasizlar! Men ota–bobolaringizni qirq yil sahroda olib yurganimda, ulardan shu qadar ko‘p qurbonligu nazrlarni talab qilmadim! [26-27] Sizlar o‘zingiz uchun yasagan ilohiy shohingiz Sikkut va yulduz xudosi Kivunning tasvirlariga topindingizlar. Shuning uchun Men sizlarni Damashq ortidagi yurtga surgun qilaman. Qani endi turinglar! O‘sha xudolarning tasvirlarini ko‘tarib olib ketinglar.” Egamizning kalomi shudir. Parvardigori Olamdir Uning nomi. Ey Quddusda rohat–farog‘atda yashaganlar, holingizga voy! Ey Samariya tog‘ida bexatar bo‘lganlar, holingizga voy! Sizlar o‘zlaringizni eng sara xalqning obro‘li odamlari deb bilasizlar, Bizga bosh bo‘linglar, deb Isroil xonadoni sizning oldingizga keladi. Qalney shahriga borib, uning ahvolini ko‘ringlar. U yerdan buyuk Xomat shahriga o‘tib, holini bilinglar. Filist xalqining Gat shahriga ham borib ko‘ringlar. Sizlarning bu shohliklardan afzalroq joyingiz bormidi?! Yoki yurtingiz ularnikidan kattaroqmidi?! Kulfat kuni kelishiga sizlar ishonmayapsizlar, Zo‘ravonlik hukmron bo‘lishiga sababchi bo‘lyapsizlar! Sizlar fil suyagidan yasalgan supalarda yonboshlaysizlar, To‘shaklarda cho‘zilib yotasizlar, Qo‘zichoqlarning go‘shtidan lazzatlanasizlar, Semirtirilgan buzoqlarning go‘shtidan taom yeysizlar, O‘zlaringizcha Dovud kabi kuylar bastalaysiz, Arfaning yangragan navolariga ashulalar aytasiz. Qadahlab sharob ichasiz, Xushbo‘y moyning eng a’losini badaningizga surtasiz. Xalqingiz — Yusuf naslining kulfati uchun esa qayg‘urmaysiz! Shunday ekan, sizlar birinchi bo‘lib surgun qilinasiz, Yonboshlab o‘tkazgan ziyofatlaringiz tugaydi. Egamiz Rabbiy O‘z nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichdi, Ha, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Men Yoqub naslining takabburligidan nafratlanaman, Ularning qal’alaridan hazar qilaman. Samariya shahrini va u yerdagi hamma narsani Men dushmanning qo‘liga beraman.” Agar bir uyda o‘nta odam qolgan bo‘lsa, ularning hammasi o‘ladi. Ularning yaqin qarindoshi va go‘rkov marhumlarni dafn qilmoqchi bo‘lib kelishadi. Yaqin qarindoshi jasadlarni olib chiqqanda go‘rkovdan: “Yana jasadlar bormi?” deb so‘raydi. Go‘rkov: “Yo‘q”, deb javob beradi. Keyin esa: “Jim! Egamizning nomini tilga olmaylik!” deb aytadi. Ana, Egamiz amr bermoqda: Koshonalar buzib tashlanadi, Kulbalar yakson bo‘ladi. Otlar qoyalar ustida chopa olmaydi–ku! Dengizni ho‘kizlar bilan shudgor qilib bo‘lmaydi–ku! Qoyil–e, sizlar esa adolatni zaharga aylantirdingiz, Solihlikning shirin mevasini achchiq qildingiz. Sizlar: “Lo‘davor shahrini qo‘lga kiritdik”, deb Maqtanib yuribsizlar. “Karnaym shahrini o‘z kuchimiz bilan yengdik”, deb aytyapsizlar. Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, qaranglar! Men sizlarga qarshi bir xalqni qo‘zg‘atdim. Ular Levo–Xomatdan to Araba tekisligigacha sizlarni ezadilar.” Egamiz Rabbiy menga shunday vahiy ko‘rsatdi: Dehqonlar shoh saroyi uchun bug‘doy o‘rib olganlaridan keyin, kechki ekinlar unib chiqishni boshlabdi. Shu paytda Egamiz gala–gala chigirtkalarni paydo qildi. Chigirtkalar yer yuzida ko‘karib turgan hamma narsani yeb bitirishibdi. Shunda men yolvordim: “Ey Egam Rabbiy, o‘tinaman, gunohimizdan o‘t! Yoqub nasli bunga bardosh bera olarmidi?! O‘zi kichkina bir xalq bo‘lsa!” Egamiz shaxtidan qaytdi: “Bunday qilmayman”, deb aytdi. Egamiz menga yana bir vahiy ko‘rsatdi: Egamiz Rabbiy xalqini olov bilan jazolamoqchi bo‘libdi. Olov buyuk dengizni yamlabdi, keyin yurtni yondira boshlabdi. Shunda men yolvordim: “Ey Egam Rabbiy, o‘tinaman, bas qil! Yoqub nasli bunga bardosh bera olarmidi?! O‘zi kichkina bir xalq bo‘lsa!” Egamiz shaxtidan qaytdi. “Xo‘p, bunday ham qilmayman”, deb aytdi Egamiz Rabbiy. Men yana bir vahiy ko‘rdim: shoqul yordamida qurilgan devorning oldida Rabbiy turgan ekan. Uning qo‘lida bir shoqul bor edi. Egamiz mendan: — Nimani ko‘ryapsan, Amos? — deb so‘radi. — Shoqulni, — deb javob berdim men. So‘ng Rabbiy shunday dedi: “Qara, Men mana shu shoqul yordamida Xalqim Isroilni tekshiraman. Endi ularga shafqat qilmayman. Is’hoqning sajdagohlari vayron bo‘ladi, Isroilning qadamjolari yo‘q qilinadi, Men shoh Yorubom xonadoniga qilich bilan hujum qilaman.” Baytildagi ruhoniy Emoziyo Isroil shohi Yorubomga xabar yuborib, shunday dedi: — Amos Isroil xalqi orasida sizga qarshi fitna uyushtirmoqda. Uning bunday so‘zlarini xalqimiz ko‘tara olmaydi. Amos shunday deb aytib yuribdi: “Yorubom qilichdan halok bo‘ladi, Isroil xalqi o‘z yurtidan albatta surgun qilinadi.” Emoziyo Amosning o‘ziga esa shunday dedi: — Ey valiy, bu yerdan chiqib ket! Yahudo yurtiga bor. Noningni o‘sha yerdan topib yegin. Bashoratlaringni ham o‘sha yerda ayt. Ammo Baytilda qayta bashorat qila ko‘rma, chunki bu shohning qutluq joyidir, shohligimizning sajdagohidir. Amos esa Emoziyoga shunday javob berdi: — Mening mashg‘ulotim payg‘ambarlik emas, payg‘ambarlarga shogird ham tushmaganman. Men podani boqib yuradigan oddiy bir cho‘ponman, shikamora–anjir daraxtlarini parvarish qilaman. Bir kuni suruvni haydab ketayotganimda Egamiz meni chaqirib: “Bor, xalqim Isroilga bashorat qil”, deb aytdi. Ey Emoziyo, endi Egamizning so‘zlarini eshit! Sen menga: “Isroil haqida bashorat qilma, Is’hoq xonadoniga qarshi gap gapirma”, deb aytyapsan. Shu sababdan Egamiz shunday demoqda: “Sening xotining shaharda fohishalik qiladi, O‘g‘il–qizlaring qilichdan halok bo‘ladi. Yering boshqalarga bo‘lib beriladi. O‘zing esa harom bir yurtda o‘lasan. Isroil xalqi o‘z yurtidan albatta surgun qilinadi.” Egamiz Rabbiy menga yana vahiy ko‘rsatdi: bir savat yetilib pishgan mevalar bor ekan. Egamiz mendan: — Amos, nimani ko‘ryapsan? — deb so‘radi. — Bir savat yetilgan mevani, — deb javob berdim men. So‘ng Egamiz menga shunday dedi: “Xalqim Isroil ham jazo uchun yetilib turibdi. Endi Men ularga shafqat qilmayman. O‘sha kuni Ma’baddagi ashulalar marsiyaga aylanadi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Hamma joyda jasadlar yotadi. Jim bo‘linglar!” Ey yo‘qsillarni ezadiganlar, quloq solinglar! Ey, yurtdagi kambag‘allarni yo‘q qilganlar, eshitinglar! Sizlar shunday aytasizlar: “Yangi oy shodiyonasi tezroq tamom bo‘la qolsa–yu, Donni sotsak. Shabbat kuni tezroq o‘tsa–yu, Bug‘doyni bozorga olib chiqsak. Shunda biz og‘irligini kamaytirib, Narxini oshiramiz, Tarozidan urib, odamlarni aldaymiz. Bug‘doy chiqitlarini ham sotib yuboramiz. Yo‘qsilni bir juft choriqqa sotib olamiz, Kambag‘alni kumushga xarid qilamiz.” Isroilning G‘ururi bo‘lmish Egamiz ont ichib dedi: “Ularning qilmishlarini Men hech qachon unutmayman, Ularni albatta jazolayman. Shu sababdan yer titraydi! Yer yuzida yashovchi har bir mavjudot aza tutadi! Butun yer yuzi daryo to‘lqinlariday larzaga keladi, Ha, Nil suvlariday ko‘tarilib, pastga tushadi.” Egamiz Rabbiy demoqda: “Ey Isroil xalqi, O‘sha kuni shunday qilamanki, Quyosh tush paytida botadi, Kuppa–kunduzi yer yuzini qorong‘ilik qoplaydi. Bayramlaringiz motamga aylanadi, Hamma ashulalaringiz marsiya bo‘ladi. Sizlar hammalaringiz qayg‘udan qanorga o‘ranasiz, Aza tutganingizdan sochingizni oldirasiz. Yolg‘iz o‘g‘lidan judo bo‘lgan ota–onaga o‘xshab qolasiz. O‘sha kun oxiriga qadar achchiq kulfatday bo‘ladi.” Egamiz Rabbiy demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men yurtga ocharchilik yuboraman. Odamlar non bilan suvni emas, Men, Egangizning so‘zini qo‘msab, och qolishadi. Ular Mening so‘zimni eshitmoqchi bo‘lib, Bir dengizdan boshqa dengizgacha oyog‘ini sudrab borishadi, Shimoldan sharqqa yo‘l olishadi. U yoqdan–bu yoqqa yurib, sarson bo‘lishadi–yu, Ammo Men, Egangizning so‘zini eshita olishmaydi. O‘sha kuni go‘zal qizlaru baquvvat yigitlar Tashnalikdan hushidan ketadilar. Axir, ular Samariyaning sharmanda ma’budasi nomi bilan Qasam ichib yuribdilar, ‘Ey Dan yurti, xudoying shohid’, deb aytib yuribdilar, ‘Bershevaga olib boradigan ziyorat yo‘li haqi’, deb yuribdilar. Ammo ular yiqilib tushadilar, qaytib turmaydilar.” Men qurbongohning oldida turgan Egamizni ko‘rdim, U shunday dedi: “ Ma’bad ustunqoshlariga shunday zarba beringlarki, Poydevorlari larzaga kelsin. Ustunqoshlar odamlar ustiga o‘pirilib tushsin. Omon qolganlarni Men qilichdan o‘tkazaman, Ulardan birontasi ham qochib ketolmaydi. Hech qaysisi qutulib qolmaydi. Ular yer qazib, o‘liklar diyoriga kirishsa ham, Men qo‘limni uzatib, ularni chiqarib olaman. Osmonga chiqib olishsa ham, U yerdan tortib tushiraman. Karmil cho‘qqisida yashirinib olishsa ham, Ularni ovlab, qo‘lga tushiraman. Mendan qochib, dengiz tubiga bekinib olishsa ham, Dengiz iloniga amr berib chaqdiraman. Dushmanlar ularni asirlikka olib ketishsa ham, Qilichga amr berib, hammasini qirib tashlayman. Ularga yaxshilik emas, yomonlik keltirishga qaror qildim.” Sarvari Olam — Rabbiy Yerga qo‘l tekkizsa yer o‘pirilib ketadi, Butun yer yuzi Nil to‘lqinlariday Baland ko‘tarilib pastga tushadi. Yerda yashovchi har bir mavjudot aza tutadi. Egamiz osmonda O‘ziga maskan qurdi, Yer uzra osmon gumbazini o‘rnatdi. Dengiz suvlarini yig‘ib, Yer yuziga sochib yuboradigan O‘shadir. Egamizdir Uning nomi. Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, Sizning Habashistonliklardan ortiq joyingiz bormidi?! Men Isroilni Misrdan qanday olib chiqqan bo‘lsam, Filist xalqini ham, xuddi shunday Xafto‘rdan olib chiqqanman, Oram xalqini ham Xirdan chiqarganman. Men, Egangiz Rabbiy, Gunohkor Isroil shohligini kuzatib turibman. Uni yer yuzidan supurib tashlayman, Yoqub xonadonini esa batamom yo‘q qilmayman, — deb aytmoqda Egamiz. — Men amr beraman, Shunda barcha xalqlar orasida, Bug‘doy elaganday Isroilni g‘alvirdan o‘tkazaman. Yaxshi donning birontasi yerga tushmaydi. Xalqim orasidagi hamma gunohkorlar esa qilichdan halok bo‘ladi, Axir, bunday odamlar shunday aytishadi: ‘Ko‘rmaymiz biz yomonlik, Boshimizga tushmas biror ko‘rgilik.’ O‘sha kuni Men Dovud shohligini tiklayman. Hozir u qiyshayib ketgan kulbaday bo‘lsa–da, Devorlaridagi yoriq joylarini tuzataman, Buzilgan joylarini ko‘taraman. Uni qayta qurib ilgarigi holatga qaytaraman. Shunda Isroil xalqi egalik qiladi Edomliklarning omon qolganlariga, Qo‘lim ostidagi hamma xalqlarga.” Egamizning kalomi shudir, U aytganlarini bajo qiladi. Egamiz shunday demoqda: “Shunday vaqtlar keladiki, Dehqon hosilni yig‘ib ulgurmasidan, Yerni shudgor qilish vaqti keladi. Sharobni tayyorlab ulgurmasidan, Uzumning yangi hosili pishadi. Tog‘lardan shirin sharob tomadi, Hamma qirlardan pastga oqib tushadi. Men xalqimni o‘z yurtiga qaytarib olib kelaman. Ular vayron bo‘lgan shaharlarni qayta qurib, U yerda o‘rnashib oladilar. Uzumzorlarni barpo qilib, sharobini ichadilar. Bog‘lar yaratib, mevalarini yeydilar. Men ularni o‘z yurtida ko‘kartiraman. Men bergan yurtdan Ularni hech kim sug‘urib tashlamaydi.” Egangizning kalomi shudir. Quyidagilar Obodiyoning bashoratidir. Egamiz elchi yuborib barcha xalqlarga, Quyidagi xabarini yetkazdi bizga: “Tayyorlaninglar! Qani, kelinglar, Edomga qarshi urushga boraylik!” Edom xalqi haqida Egamiz Rabbiy quyidagilarni aytmoqda: “Ey, Edom xalqi, xalqlarning orasida Men eng arzimas qilib qo‘yaman sizni, Hamma sizlardan nafratlanadi. Takabburligingiz sizlarni aldadi. Qoyadagi qo‘rg‘ondir poytaxtingiz, Baland tepalikdadir uylaringiz, Shuning uchun aytasiz o‘zingizcha: ‘Kim bizlarni tushira olar yerga?!’ Burgutday baland parvoz qilsangiz ham, Iningiz yulduzlar orasida bo‘lsa ham, Sizlarni tortib tushiraman pastga, — deb aytmoqda Egamiz. — O‘g‘rilaru bosqinchilar tunda kelsa, Faqat o‘zi xohlagan buyumlarni oladi–ku! Uzum hosilingizni yig‘uvchilar ham Ozgina bo‘lsa–da, uzum qoldiradi–ku! Dushmanlaringiz esa sizni tamoman yo‘q qiladi! Ey Esovning avlodi — Edom, Hamma narsangizni talon–taroj qilishar, Qadrli buyumlaringizni topib, tortib olishar. Barcha ittifoqchilaringiz sizga qarshi chiqib, Sizni o‘z yurtingizdan haydab yuborar. Tinchlik va’da qilib aldaydi ular, Ammo sizlarni mag‘lub qilarlar. Sizlarga tuzoq qo‘yar noningizni yeganlar. Sizlar esa buni bilmay qolasizlar.” Egamiz shunday aytmoqda: “Ey Edom xalqi, hukm qilinadigan kunda, Men donishmandlaringni halok qilurman, Esov tog‘idagi aql–idroklilarin yo‘q qilurman. Ey Temon shahri, jangchilaring dahshatga tushar, Esov tog‘idagi har bir inson yo‘q qilinar. Qondoshingiz Yoqub avlodiga zulm qilib, Ularni o‘ldirdingiz. Shu bois to abad sharmanda bo‘lib, Butunlay halok bo‘lasiz. Ularning boyliklarin begonalar olib ketgan kun Sizlar bir chetda qarab turdingiz. Yot xalqlar Quddus shahriga kirib, Shahar uchun qur’a tashlaganlarida, Sizlar ham ular kabi yovuz ishlar qildingiz. Qondoshlaringizga kelgan baxtsizlikni ko‘rib, Xushnud bo‘lmasligingiz kerak edi. Yahudo xalqi xarob bo‘lgan kun Sevinmasligingiz kerak edi. Boshlariga tushgan kulfatni ko‘rib, Mazax qilmasligingiz kerak edi. Mening xalqimga falokat kelgan kuni Shahar darvozalaridan kirmasligingiz kerak edi. Yahudo xalqining boshiga falokat tushgan kuni, Xushnud bo‘lganlarga qo‘shilmasligingiz kerak edi. Ularning boshiga falokat tushgan kuni, Buyumlarini o‘ljaga olmasligingiz kerak edi. Qochib ketayotganlarni kutib chorrahalarda, Pistirmalar qo‘ymasligingiz kerak edi. O‘sha kulfat kuni tirik qolganlarni Dushman qo‘liga bermasligingiz kerak edi. Men, Egangiz, barcha xalqlarni hukm qiladigan kun yaqinlashib qoldi. Ey, Edom xalqi! Nima qilgan bo‘lsangiz boshqalarga O‘zingiz ham tusharsiz o‘sha ko‘yga, Qilmishlaringiz qaytar o‘z boshingizga. Ey, Yahudo xalqi, muqaddas tog‘imda G‘azab sharobin ichib bo‘ldingiz. Shu singari barcha xalqlar ham Shu sharobdan to‘xtamasdan icharlar. Hech qachon yer yuziga kelmagan kabi, Ichib–ichib, yo‘q bo‘lib ketarlar. Lekin Sion tog‘ida najot toparlar Isroil xalqining omon qolganlari. Bu tog‘ muqaddas bo‘lar. Yoqub nasli haydab chiqarar yovlarini, Uning mulkini tortib olganlarni, Va yana egallar o‘z yerlarini. Yoqub avlodi bo‘lur olovday, Yusufning avlodi bir alangaday. Esovning avlodi esa Bo‘lib qolar quruq poyaday. Yoqub va Yusufning avlodlari Esovning avlodini yondirar, Yondirib, ularni yo‘q qilar. Esov avlodidan tirik qolmas hech biri.” Zotan, bu so‘zlarni Egamiz aytdi. Nagav cho‘lida yashaydigan Isroil xalqi Esov tog‘ini egallab oladi, Yahudo qir etaklarida yashaydiganlar esa Filistlarning yerlariga egalik qiladi. Isroil xalqi Efrayim yerlarini va Samariya shahrini qo‘lga kiritadi, Benyamin avlodi esa Giladga egalik qiladi. Shimoliy Isroildan asirlikka olib ketilganlar qaytib keladi. Ular shimoldagi Zorafatgacha bo‘lgan shimoliy Kan’on yerlarini oladilar. Quddusdan Safaradga asirlikka olib ketilganlar esa Nagav cho‘lidagi shaharlarni qo‘lga kiritadilar. G‘oliblar Sion tog‘iga chiqadilar. O‘sha yerda turib, Esov tog‘i ustidan hukmronlik qiladilar. Egamizning O‘zi shoh bo‘ladi. Bir kuni Amitay o‘g‘li Yunusga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: “Qani, bo‘l, qudratli Naynavo shahriga bor. Jar solib, u yerdagilarni ogohlantir, chunki shahar ahli qilgan qabihliklar Menga yetib keldi.” Yunus yo‘lga tushdi, lekin Egamizdan qochib boshqa tomonga ketmoqchi bo‘ldi. U Yaffaga kelib, u yerda Tarshishga boradigan kemani topdi. Yo‘l haqini to‘ladi–da, Egamizdan qochib Tarshishga suzib ketgani kemachilar bilan kemaga chiqdi. Ammo Egamiz shunday kuchli shamol qo‘zg‘atdiki, dengizda dahshatli bo‘ron boshlandi. Bo‘ron kemani parchalab yuboray derdi. Bundan kemachilar vahimaga tushib, har biri o‘z xudosiga yolvordi. Keyin, kema yengillashsin, deb u yerdagi yuklarni dengizga uloqtira boshladilar. Yunus esa kemaning ichkarisiga kirib, qattiq uyquga ketgan edi. Bir payt kema darg‘asi Yunusning yoniga kelib: “Nega sen uxlab yotibsan? Tur, xudoyingga yolvor! Balki u bizlarni eslasa, halok bo‘lmasmiz”, dedi. Kemadagilar esa bir–birlariga: “Kelinglar, qur’a tashlaylik, shunda bu falokat kim sababli boshimizga kelganini bilamiz”, dedilar. Qur’a tashlagan edilar, qur’a Yunusga tushdi. Keyin Yunusdan so‘radilar: “Bizga ayt–chi, nima sababdan boshimizga bu falokat tushdi? Sen kimsan? Qayerdan kelyapsan? Qaysi yurtdansan? Qanaqa xalqdansan?” Yunus ularga shunday javob berdi: “Men ibroniyman, dengiz va quruqlikni yaratgan Samoviy Xudo — Egamga sig‘inaman.” Ular Yunusning Egamizdan qochib ketayotganini bilardilar. Chunki Yunusning o‘zi bu haqda ularga aytgan edi. Ular bu gapni eshitib, yana ham qattiqroq dahshatga tushdilar va undan: “Nega bunday qilding–a?!” dedilar. Kemadagilar Yunusga: “Dengiz tinchlanishi uchun seni nima qilsak ekan–a?” deb so‘radilar. Chunki dengiz yanada vahima bilan to‘lqinlanardi. Shunda Yunus kemadagilarga dedi: “Meni olib, dengizga uloqtirsangizlar, dengiz tinchlanadi. Bilaman, bu kuchli bo‘ron men tufayli boshlaringizga kelgan.” Kemadagilar esa kemani quruqlikka olib bormoqchi bo‘lib rosa eshkak eshdilar, ammo bunga muvaffaq bo‘la olmadilar, chunki dengiz ularga qarshi battar quturayotgan edi. Shunda ular Egamizga yolvordilar: “Ey Egamiz! Sen O‘zingga ma’qul bo‘lganini qilib, bizni shu ahvolga solding. Ey Egamiz! Senga iltijo qilamiz: shu odamning joni uchun bizlarni halok qilma, begunoh odamning o‘limiga bizlarni javobgar qilma.” Shundan keyin Yunusni olib dengizga uloqtirgan edilar, dengiz tinchlanib qoldi. Bu voqeani odamlar ko‘rgach, Egamizdan qattiq qo‘rqdilar. Unga qurbonlik qilib, nazr atadilar. Yunusni yutsin deb, Egamiz nahang baliqni yubordi. Yunus uch kechayu uch kunduz baliq qornida qoldi. Yunus baliqning qornida ekan, o‘zining Egasi Xudoga shunday deb ibodat qildi: “Ey Egam, qayg‘uli damlarimda Senga qildim iltijo, Iltijolarimni Sen eshitding. O‘liklar diyorining qa’ridan faryod ko‘tardim, Sen eshitding ovozlarimni. Meni otganding tubsiz chuqurga, Dengiz bag‘riga, Meni qurshab olgandi suvning girdobi. Sening to‘lqinlaring O‘tgandilar ustimdan bosib. Sening huzuringdan Quvilganman, dedim o‘shanda, Lekin muqaddas Ma’badingni Yana ko‘raman! Suvlar meni bo‘g‘zimgacha ko‘mgandi, Tubsiz dengiz atrofimni o‘radi. Dengiz o‘tlari boshimga o‘ralib qoldi. Tog‘larning tubiga cho‘kkandim — Zanjirlari bilan to abad menga to‘siq qo‘ygan joyga. Sen esa, Ey Egam Xudo, Jonimni o‘sha joydan qutqarding! Ey Egam, hayotim onlari tugay deganda, Men Seni esladim. Iltijolarim Sengacha, Muqaddas Ma’badinggacha yetib bordi. Soxta, bema’ni butlarga sig‘inadiganlar Senga bo‘lgan sadoqatidan voz kechdilar! Men esa shukrona aytib, Senga qurbonlik keltiraman. Atagan nazrlarimni ado etaman. Ey Egam, najot faqat Sendandir!” Egamiz shundan keyin nahang baliqqa amr bergan edi, nahang baliq Yunusni quruqlikka chiqarib qo‘ydi. Yunusga Egamiz ikkinchi marta shu so‘zlarni ayon qildi: “Qani, bo‘l, qudratli Naynavo shahriga borib, Mening so‘zlarimni jar solib u yerdagilarga e’lon qil.” Yunus Egamizning amriga bo‘ysunib, Naynavo tomonga ketdi. Naynavo juda katta shahar bo‘lib, uch kunda aylanib chiqsa bo‘lardi. Yunus shahar bo‘ylab bir kun yo‘l yurib o‘tdi. U aylanib yurib: “Yana qirq kundan keyin Naynavo xarob bo‘ladi”, deb jar soldi. Naynavoliklar Xudoga ishonib, ro‘za tutamiz, deb e’lon qildilar. Shahardagi kattayu kichik tavba qilib qanorga o‘randi. Bu xabar Naynavo shohiga ham yetib bordi. U taxtdan tushib, shohona liboslarini yechdi, qanorga o‘ranib, kulga o‘tirdi. O‘zi va amaldorlari nomidan butun Naynavo bo‘ylab quyidagi farmonni e’lon qildi: “Na insonlar, na hayvonlar — mol–qo‘ylar hech narsa yemasin, suv ichmasin. Insonlar ham, hayvonlar ham qanorga o‘ransin. Har kim Xudoga yalinib iltijo qilsin, yovuz qilmishidan qaytsin, zulm qilmasin. Kim biladi, balki Xudo rahm qilib, bizga bo‘lgan g‘azabini qaytarar, biz halok bo‘lmasmiz.” Xudo ularning qilgan ishlarini, yovuz qilmishlaridan qaytganini ko‘rib, rahm qildi va ularning ustiga “yuboraman”, deb aytgan ofatni yubormadi. Bu voqeadan Yunus qattiq xafa bo‘lib g‘azablandi. U Egamizga ibodat qilib dedi: “Ey Egam! Shunaqa qilishingni o‘z yurtimda ekanimdayoq aytmaganmidim?! Shuning uchun men Tarshishga qochgan edim–da. Sen inoyatli, rahmdil, jahli tez chiqmaydigan, sodiq sevgisi mo‘l, g‘azabidan tushib kechiradigan Xudo ekanligingni bilgan edim. Endi, iltijo qilaman, Egam, jonimni olib qo‘ya qol. Yashaganimdan ko‘ra, o‘lganim yaxshiroq.” Egamiz esa: “Nahotki shundan sen xafa bo‘lding?!” dedi. Yunus shahardan chiqib, shaharning sharq tomoniga borib o‘tirdi. Shu yerda chayla yasab, endi shaharga nima bo‘larkin, deb chaylaning soyasida kutib o‘tirdi. Bir payt, Yunusning boshiga soya bo‘lsin, qayg‘usi barham topsin, deb Parvardigor Egamiz bir o‘simlik o‘stirdi. O‘simlik Yunusning tepasida ko‘tarildi. Yunus bu o‘simlik o‘sganidan juda xursand bo‘ldi. Keyingi kuni esa tong paytida Xudo bir qurtni yuborgan edi, qurt o‘simlikni kemirib quritdi. Quyosh yuqoriga ko‘tarilganda, Xudo sharqdan garmsel yubordi. Quyosh Yunusning boshini shunday qizdirdiki, u holdan keta boshladi. Yunus: “Bunaqa yashaganimdan, o‘lganim yaxshiroq”, deb o‘ziga o‘lim tiladi. Xudo Yunusga: — Bitta o‘simlik nobud bo‘lganidan jahling chiqdimi? — dedi. — Ha, jahlim chiqdi, o‘limimga ham rozi bo‘ldim, — deb javob berdi Yunus. Shunda Egamiz aytdi: — Bu o‘simlik uchun sen mehnat qilmagansan, ekib–o‘stirmagansan, o‘zi bir kechada o‘sib, bir kechada yo‘q bo‘ldi. Sen shu o‘simlik uchun achinganingda, men qudratli Naynavo shahriga achinmasligim kerakmi?! Axir, bu yerda oq–qorani ajrata olmaydigan bolalarning o‘zidan yuz yigirma mingdan ortig‘i va talay hayvonlar yashaydi–ku! Yahudo shohlari Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda Egamiz Mo‘rashatlik Mixo payg‘ambarga O‘z so‘zini ayon qilib turdi. Samariya va Quddus haqida Egamiz aytgan bu so‘zlar Mixo payg‘ambarga vahiy orqali ayon bo‘ldi. Quloq tuting, ey xalqlar! Quloq soling, yer yuzida yashovchilar! Egamiz Rabbiy sizlarga qarshi guvohlik beradi. Muqaddas Ma’badidan Rabbiy gapiradi. Ana, Egamiz O‘z maskanidan chiqyapti, Tog‘ cho‘qqilarini bosib kelyapti. Uning oyog‘i ostida eriydi tog‘lar, Yorilib ketadi daralar. Tog‘lar olovda erigan mum kabi bo‘ladi, Tepalikdan oqib tushgan suvday to‘kiladi. Yoqub nasli itoatsizlik qilgani uchun, Isroil gunohga botib ketgani uchun, Bu voqealar sodir bo‘ladi. Yoqub nasli orasida itoatsizlik qilgan kim? Poytaxt shahar Samariya emasmi?! Butparastlar uyasi Yahudoning qayerida joylashgan? Quddusning naq o‘zida emasmi?! Egamiz shunday deydi: “Men Samariyani yo‘q qilaman. Uni tok ekiladigan joyga, Ochiq maydondagi bir uyum toshga aylantiraman. Shahar toshlarini vodiyga yumalataman, Uning poydevorlarini ochib tashlayman. Samariyaning butlari parcha–parcha bo‘ladi, Barcha sanamlari sindirib, yondiriladi. Fahsh yo‘li bilan kelgan butlarning qimmatbaho bezaklari O‘zga yurt fohishalariga to‘lov qilib beriladi.” Bunday musibatdan yig‘lab, faryod qilaman, Yalang‘och, oyoq yalang yuraman, Chiyabo‘riday uvullab fig‘on chekaman, Bo‘ta kabi bo‘zlab yig‘layman. Axir, davo yo‘q Samariyaning yarasiga, Yopishdi Yahudoga ham u yara, Xalqim darvozasi — Quddusga yuqdi. Gat aholisiga buni hasrat qilmang, Ular oldida ko‘z yoshingizni to‘kmang! Bayt–Lafroga borib, U yerda qayg‘udan tuproqqa yumalang! Ey Shofir ahli, Siz asirlikka ketasiz, Yalang‘och, sharmanda bo‘lib borasiz. Zanon xalqi tashqariga chiqishga jur’at etmaydi. Bayt–Ezel ahli motam tutadi, Endi ular sizga panoh bermaydi. Moro‘t aholisi madad kutgan edi, Ammo Egamiz falokat yubordi. Bu falokat hatto Quddus darvozalariga yetdi. Ey Laxish ahli, Otlaringizni aravalarga qo‘shing! Siz itoatsiz Isroil xalqiga taqlid qildingiz, Quddus ahlini ilk bor gunohga boshladingiz! Shunday ekan, ey Yahudo xalqi, Endi Mo‘rashat shahri bilan xayrlashavering, Esdalik sovg‘alaringizni ularga taqdim qiling. Attang, Axsib ahli Isroil shohlariga pand berdi, Bera olmaydigan yordamni ularga va’da qildi. Ey Morisho ahli, Egamiz ustingizga bir bosqinchini yuboradi. Isroil yo‘lboshchilari Adullamga qochib borishadi. Suyukli farzandlaringizni deb Sochingizni oldiring. Kalxatlar kabi siyqa bosh bo‘ling, Axir, bolalaringiz surgun qilinadi. Ey to‘shagida yotib, yovuzlikni rejalashtirganlar! Sizning holingizga voy! Tong otganda siz Rejalaringizni amalga oshirasiz. Ha, bu sizning qo‘lingizdan keladi. Sizlar birovning ekinzoriga ko‘z olaytirib, Uni tortib olasiz. Birovning uyini yoqtirib qolib, Uni o‘zingizniki qilib olasiz. Birini o‘z uyidan, Boshqasini — meros qilib olgan yeridan mahrum etasiz. Shu sababdan Egamiz demoqda: “Men sizlarga qarshi falokatni reja qilyapman. Sizlar bo‘yinturuqdan qochib qutulolmaysiz, Burningizni osmonga ko‘tarib yurmaysiz. Bu og‘ir damlar bo‘ladi.” O‘sha vaqt kelganda Odamlar sizlarni masxara qilishadi, Siz haqingizda shunday achchiq marsiya kuylashadi: “Biz merosimizdan mahrum bo‘ldik! Dalalarimiz yovlarga bo‘lib berildi. Endi biz butunlay xarob bo‘ldik!” Shunday ekan, Egamizning xalqi qaytadan bo‘lganda yurtni, Ulush qilib olmaysiz siz bir parcha yerni. Sizlar menga aql o‘rgatib deyapsiz: “Bizga aql o‘rgatma! Nafasingni issiq qil, Biz sharmanda bo‘lmaymiz.” Ey Yoqub nasli, sizlar aytasiz: “Nahotki, Egamizning sabri tugagan bo‘lsa?! Nahotki, Xudo shunday ishlarni qilsa?!” Bu so‘zlarni aytishingiz joizmi?! Axir, Xudoning so‘zlari to‘g‘ri odamga yaxshilik keltiradi–ku! Egamiz demoqda: “Sizlar o‘z xalqingizga zulm qildingiz! Jangdan xotirjam qaytgan odamni poyladingiz, Uning egnidagi to‘nini tortib oldingiz. Xalqimning ayollarini shinam uylaridan chiqarib yubordingiz, Yosh bolalarning nasibasini Mening yurtimdan uzdingiz. Qani turinglar, ketinglar bu yerdan! Orom topa olmaysiz endi bu yurtda! Axir, qilgan gunohlaringiz yurtimni harom qildi, Uning xarob bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Bordi–yu, oldingizga yolg‘onchi odam kelsa, — Sharob, bo‘zadan va’z aytaman, — deb aytsa, Sizlar uni payg‘ambar deya qabul qilasiz! Ey Yoqub nasli, Men sizlarni albatta yig‘aman, Ey Isroilning omon qolganlari, Men sizlarni to‘plab olaman. Qo‘radagi qo‘ylarday, yaylovdagi suruvday, Sizlarni Men bir joyga yig‘aman. O‘shanda yurtingiz odamlarga to‘lib–toshadi. Men Yo‘lboshchingiz bo‘lib, sizlarga yo‘l ochaman, Sizlarni asirlikdan olib chiqaman. Sizlar shahar darvozasidan chiqib ketasiz. Men, Shohingiz sizlarni boshlab boraman. Men, Egangiz oldinda yuraman.” Men shunday dedim: “Ey Yoqub yo‘lboshchilari eshiting! Ey Isroil hukmdorlari quloq soling! Adolat o‘rnatish sizning vazifangiz–ku! Sizlar esa yaxshilikdan nafratlanasiz, Qabihlikka mehr qo‘yasiz, Siz xalqimning terisini shilib, Etini suyagidan ajratib olasiz. Siz xalqimning etini yeysiz, Terisini shilib, suyaklarini maydalaysiz, Qozonga solinadigan go‘shtday ularni nimtalaysiz. Vaqti kelib, Egamizga iltijo qilarsiz, O‘shanda Xudodan javob olmaysiz. Sizlar qabihlarcha ish tutdingiz, Shu bois U sizlardan yuz o‘giradi.” Egamiz shunday demoqda: “Ey xalqimni yo‘ldan ozdirgan payg‘ambarlar! Sizlar qorningizni to‘yg‘izganlarga tinchlikni bashorat qilasiz, Og‘zingizni moylamaganlarga esa urushni e’lon qilasiz. Endi ustingizga tun bostirib keladi, Sizlar vahiylarni ko‘rmaysiz. Qaro zulmat sizni o‘rab oladi, Bashorat qilishingizga imkon bo‘lmaydi. Sizlar uchun quyosh botadi, Kunduz ham zulmat bo‘ladi. Sharmanda bo‘lasiz, ey valiylar, Uyatga qolasiz, ey folchilar. Mendan so‘z olmaganingiz uchun, Og‘zingizni yopasiz.” Ammo mening vujudim kuchga to‘lgan, Egamizning Ruhi meni to‘ldirgan. Qudrat va adolatga to‘lganman. Endi men Yoqubning itoatsizligini fosh qilaman, Isroil xalqining gunohini yuziga solaman. Ey Yoqub nasli yo‘lboshchilari, eshiting! Ey Isroil rahnamolari, quloq soling! Sizlar adolatdan hazar qilasiz, Haqiqatni buzib ko‘rsatasiz. Qonlar evaziga barpo qildingiz Quddusni, Zulm evaziga bunyod etdingiz Sionni! Ey Quddus hokimlari, sizlar pora olib hukm qilasiz, Ey Quddus ruhoniylari, sizlar tama qilib ta’lim berasiz, Ey Quddus payg‘ambarlari, sizlar pul uchun bashorat qilasiz. Tag‘in Egamizning nomini ro‘kach qilib, aytasiz: “Egamiz biz bilan, bunga shubha yo‘q! Boshimizga biror ko‘rgilik tushmas.” Sizlar sababli Quddus daladay shudgor qilinadi, Sion xarobazor bo‘ladi, Egamizning uyi turgan tog‘ni Qalin o‘rmonzor qoplaydi. Shunday kunlar keladiki, Egamizning uyi turgan tog‘ Tog‘larning eng yuksagi bo‘lib, qaror topadi. Bu tog‘ hammasidan ham baland bo‘ladi, Xalqlar u yerga daryoday oqib keladi. Ko‘plab ellar keladi, Ular shunday deb aytadi: “Qani, yuringlar! Chiqaylik Egamizning tog‘iga! Qani, yuringlar! Boraylik Yoqub naslining Xudosi uyiga! Toki U bizga o‘rgatsin O‘zining yo‘llarini, Toki yuraylik bizlar Uning so‘qmoqlaridan.” Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan, Ha, Xudoning ta’limoti kelib chiqar Siondan. Egamiz hukm qiladi ko‘p xalqlarning orasida, Ajrim qiladi olisdagi kuchli millatlar orasida. Qilichlarini aylantirishadi omochga, Nayzalarini esa tok qaychilariga. Qilich ko‘tarmaydi bir–biriga xalqlar, Hech qachon jang qilmaydi ular. Orom olar har kim o‘z uzumzorida, O‘tirar har kim o‘z anjirzorida, Biror kimsa ularga tahdid solmaydi. Buni Sarvari Olamning O‘zi aytdi! Hamma xalqlar o‘z xudolariga ergashaversin, Biz esa abadulabad Egamiz Xudoning yo‘lidan yuramiz. Egamizning kalomi shudir: “Shunday vaqt keladiki, Men cho‘loqlarni yig‘ib olaman. Haydab yuborilganlarni to‘playman, O‘zim azobga giriftor qilganlarimni yig‘aman. Cho‘loqlarni omon saqlayman, Haydab yuborilganlardan kuchli bir xalq bunyod etaman, O‘sha kundan boshlab to abad Men, Egangiz, Sion tog‘ida ularga hukmronlik qilaman.” Ey Quddusdagi shoh qal’asi, Xudo xalqining kuzatuv minorasi, Sobiq hokimiyating o‘zingga qaytadi. Ey Quddus shahri, Sening saltanating qayta tiklanadi. Endi esa nechun faryod qilyapsan? Nima bo‘ldi, hukmdoring yo‘qmidi?! Nechun to‘lg‘oq tutgan ayol kabi azoblanyapsan? Maslahatching nobud bo‘ldimi?! Ey qiz Quddus, Tug‘ayotgan xotin kabi oh–voh qilmaysanmi?! O‘zingni har tomonga tashlamaysanmi?! Axir, hozir shahardan chiqib ketasan! Yalang qirlarga borib maskan qilasan! Ha, Bobilga sen surgun bo‘lasan. Biroq u yerda sen najot topasan, Dushman qo‘lidan xalos qilar Egamiz seni. Senga qarshi birlashdi talay xalqlar, Sen haqingda shunday deb aytadi ular: “Qani kelinglar, Quddusni xo‘rlaymiz, Shahvat bilan uni tomosha qilamiz.” Ammo bilmas ular Egamizning niyatini, Aslo tushunmaslar Uning rejalarini, Bilmas ne sababdan Egamiz ularni yiqqanini, Anglamas bug‘doyday ularni yanchimoqchi ekanini. Egamiz demoqda: “Turing, ey Quddus aholisi! Yanchib tashlang ularni! Temirdan qilaman shoxlaringizni, Bronzadan yasayman tuyoqlaringizni, Ezib majaqlaysiz ko‘plab xalqlarni.” Egamizga bag‘ishlaysiz olgan o‘ljangizni, Butun olam Rabbiysiga yov boyligini. Ey Quddus, yiqqin lashkaringni! G‘animlar bizni qurshovga oldi! Ular Isroil hukmdorining betiga tayoq bilan uradi. Ammo Egamiz demoqda: “Ey Efratdagi Baytlahm, Sen Yahudoning mitti shahri bo‘lsang ham, Isroilni Men uchun boshqaradigan zot sendan chiqadi. Uning nasabi qadimlarga borib taqaladi.” Ha, Egamiz Isroil xalqini bir muddatga dushmanlarga taslim qiladi, Ammo bu hol uzoq davom etmaydi. Homilador ayolning ko‘zi yoriganda, Bo‘lg‘usi hukmdorning birodarlari surgundan qaytadi. Ular Isroil xalqi bilan birlashadi. Egamizning qudrati ila o‘sha hukmdor suruvini boqadi, Egamiz Xudo O‘z ulug‘vorligi ila ularni boshqaradi. Isroil xalqi xatarsiz yashaydi, Axir, hukmdorining dovrug‘i butun dunyoga yoyiladi. [5-6] O‘sha zot tinchlik o‘rnatuvchi bo‘ladi. Mabodo Ossuriyaliklar Yurtimizga bostirib kelsa, Chegaramizga qadam bosishsa, Hukmdorimiz bizni qutqaradi. Xa, Ossuriyaliklar Yurtimizga bostirib kelsa, Qal’alarni ular yorib o‘tsa, Biz ularga qarshi yetti yo‘lboshchini tanlaymiz, Hatto sakkiz rahnamoni tayinlaymiz. Ular qilich ko‘tarib, Ossuriyada hukmronlik qilishadi, Qilich o‘ynatib, Nimro‘dning yerida o‘z hukmini o‘tkazishadi. *** Ko‘p xalqlar orasida Yoqub naslining omon qolganlari Egamiz osmondan tushira oladigan Shudringday bo‘lishadi, Maysalarni sug‘oradigan Yomg‘irga o‘xshagan bo‘lishadi. Ularni hech kim to‘xtata olmaydi, Ular dushmanlari ustiga bostirib borishadi. Ha, ko‘p xalqlar orasida Yoqub naslining omon qolganlari O‘rmon hayvonlari orasidagi Arslonday bo‘lishadi, Qo‘y suruviga kirib qolgan Sher bolasiga o‘xshagan bo‘lishadi. Yurgan yo‘llarida hammaga tashlanib g‘ajishadi, Ularning qo‘lidan hech kim qutqara olmaydi. Ey Isroil, sening qo‘ling yovlardan baland keladi, Barcha dushmanlaring qirilib ketadi. Egamizning kalomi shudir: “O‘sha kuni otlaringizni Men yo‘q qilaman, Jang aravalaringizni parcha–parcha etaman. Vayron qilaman yurtingiz shaharlarini, Yakson etaman jamiki qal’alaringizni. Yurtingizda sehr–joduga barham beraman, Orangizda bironta folbinni qoldirmayman. Yo‘q qilaman tasviru butsimon toshlaringizni, Boshqa sajda qilmaysiz qo‘lingiz ijodiga. Qo‘porib tashlayman Asheraning ustunlarini, Shaharlaringiz kulini ko‘kka sovuraman. Menga itoat qilmagan xalqlar ustiga Qahru g‘azabimni yog‘dirib, qasos olaman.” Egamizning suzini eshiting: “Qani turing! Tog‘lar oldida ayting da’voingizni, Qirlar eshitsin sizning ovozingizni.” Ey tog‘lar, Egamizning da’vosiga quloq tuting, Zaminning mangu poydevorlari, siz ham eshiting! O‘z xalqi bilan Egamiz da’volashadi, Xalqi Isroil bilan U bahslashadi. Egamiz demoqda: “Ey xalqim, senga Men nima qildim?! Senga tushdimi biror og‘irligim?! Qani, javob bergin–chi Menga! Men sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan edim–ku, U yerdagi qullikdan xalos etgan edim–ku. Oldingizga yuborgandim yo‘lboshchilarni — Muso, Horun va Maryamni. Ey xalqim, nahot eslamasangiz Mo‘ab shohi Boloqning yovuz niyatini, Bavo‘r o‘g‘li Balomning unga bergan javobini?! Shitimdan Gilgalga qilgan safaringizda ham Nimalar yuz berganini bir eslang. Bu voqealarni esga olsangiz, Men sizlarni qutqarmoqchi bo‘lib, Ne–ne ishlar qilganimni ko‘rasiz!” Xudoyi Taologa sajda qilganimda, Nima olib boray Egamizning huzuriga?! Unga atab qurbonliklar kuydirsammikan?! Bir yoshli buzoqlarni nazr qilsammikan?! Unga atab minglab qo‘chqorlarni so‘ysam, Zaytun moyin daryo–daryo qilib oqizsam Egamiz mendan mamnun bo‘larmikan?! Itoatsizligim uchun to‘ng‘ich o‘g‘limni beraymi?! Gunohim–chun o‘z farzandimni qurbon qilaymi?! Ey inson, nima yaxshi ekanligini Egamiz senga ayon qildi. Shudir Uning sendan qilgan talabi: Adolatli ish tutgin, Mehr–shafqat qilishdan zavq olgin, Kamtar bo‘lib, Xudoning yo‘lidan yurgin. Xudodan qo‘rqish — donolik axir! Egamiz Quddus ahliga xitob qilar: “Yaxshilab quloq soling! Men sizlarni hademay jazolayman! Ey fosiqlar, harom boyligingizga qanday ko‘z yumay?! Tarozidan urib yiqqan davlatingizni qanday unutay?! Bunday boylikdan jirkanaman, axir! Noto‘g‘ri tarozini ishlatgan odamni qanday oqlayin?! Soxta qadoq toshlardan foydalangan kishiga qanday chidayin?! Ey Quddus boylari, sizlar zo‘ravonlik qilyapsiz, Ey shahar odamlari, sizlar aldayapsiz. Yolg‘ondan boshqani bilmas tillaringiz. Shuning uchun Men sizlarga qaqshatgich zarba beraman, Gunohlaringiz uchun sizlarni xarob qilaman. Sizlar yeysiz, lekin to‘ymaysiz, Qorningiz doim och bo‘ladi. Narsa yig‘asizu saqlay olmaysiz, Yiqqanlaringizni urushda nobud qilaman. Siz ekasiz, ammo o‘rib olmaysiz. Moy olasiz, ammo undan foydalanmaysiz. Uzum ezasiz, ammo sharobidan ichmaysiz. Axir, sizlar shoh Omrining odatlarini tashlamayapsiz. Axab xonadonining barcha qilmishlariga taqlid qilyapsiz, Ularning yo‘lini tutyapsiz. Shuning uchun Men sizlarni xarob qilaman. Sizni ko‘rganlar sizlardan hazar qiladi, Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi.” Sho‘rim quridi! Yozgi mevalar yig‘ib olingach, Uzumzor hosili yig‘ishtirilgach, Toklardan bir bosh uzum ham topa olmagan, Bir dona anjirga zor bo‘lgan odamdayman men. Xudojo‘y yo‘q bo‘ldi bu yurtda, To‘g‘ri odam qolmadi insonlar orasida. Qon to‘kaman, deb odamlar bir–birini poylaydi, Hattoki qarindosh qarindoshiga tuzoq qo‘yadi. Yomonlik qilishga ustadir ular. Amaldoru qozilari pora olishadi, Boylari xohlaganini qildirishadi, Birgalikda ular haqiqatni buzib ko‘rsatishadi. Ularning himmatlisi yantoqqa o‘xshaydi, Vijdonlisi bir uyum tikandan qolishmaydi. Ey Isroil xalqi, Soqchilar sizlarga e’lon qilgan kun yaqinlashdi, Ha, jazo oladigan kuningiz yetib keldi. Hammangiz sarosimaga tushadigan vaqt bo‘ldi. Do‘stingizga suyanmang, Sherigingizga ishonmang, Quchog‘ingizda xotiningiz yotganda, Qulf soling og‘zingizga. O‘g‘il o‘z otasini xo‘rlaydi, Qiz onasining yuziga sapchiydi, Kelin qaynanasiga dushmanlik qilar. Sizning dushmanlaringiz — o‘z uyingizdagilar. Men esa Egamga tikaman ko‘zlarimni, Umid–la kutaman najotkorim Xudoni, Albatta eshitar Xudoyim meni. Holimni ko‘rib shod bo‘lmangiz, ey g‘animlar! Yiqilganimda o‘zim turib olarman. Zulmatda o‘tirganimda, Menga nur sochar Egam. Gunoh qildim men Egamga qarshi, Uning qahriga dosh beraman endi. Bir kun U mening tarafimni oladi, Mening haqligimni isbot etadi. Yorug‘likka olib chiqadi U meni, Ko‘raman men Xudoning adolatini. Ey dushmanlarim, albatta buni ko‘rasiz. “Egang Xudo qani?!” deb meni masxara qildingiz, Endi siz sharmandayi sharmisor bo‘lasiz. Men ko‘zlarim bilan ko‘raman sizning qulashingizni, Oyoq osti bo‘lasizlar ko‘chadagi loy kabi. Ey Quddus, kelar shunday zamonlar: Sening devorlaring qayta qurilar, Kengayib ketadi sening hududing. O‘sha kuni oldingga odamlar keladi. Ular Ossuriyadan Misrgacha, Misrdan Furot daryosigacha Bo‘lgan barcha o‘zga yurtlardan, Uzoq dengiz sohillaridan, Olis tog‘lar bag‘ridan kelishadi. Zamin ahli qilmishlaridan Dunyo xarobazorga aylanib ketadi. Ey Egam, O‘z xalqingning cho‘poni bo‘lgin, O‘z suruvingni tayog‘ing bilan boshqargin, Ularning yon–atrofi ko‘m–ko‘k yaylovlar, Biroq o‘rmonda yolg‘iz yashayapti ular. Uzoq o‘tmishdagiday ularni o‘tlatgin, Bashan va Gilad yaylovlarida ularni to‘yg‘azgin. Egamiz demoqda: “Men sizlarni Misrdan olib chiqqan kunlarimday, Sizlarga O‘z ajoyibotlarimni yana ko‘rsataman.” Ey Egam, ajoyibotlaring oldida xalqlar Buyuk lashkarlarining ojizligini ko‘rib, sharmanda bo‘ladilar. Qo‘llari bilan yuzlarini berkitadilar. Ularning quloqlari garang bo‘lib qoladi. Ilon kabi ular tuproq yalaydi, Sudraluvchi maxluqlar kabi tuproq oshaydi. Ey Egamiz Xudo, ular titrab–qaqshab, O‘z uyalaridan Sening oldingga chiqadilar. Sening huzuringda dahshatga tushadilar. Ey Xudo, Senga o‘xshashi bormikan?! Xalqingdan omon qolganlarning Gunohlarini Sen kechirasan, Ularning itoatsizligini afv etasan. To abad g‘azablanmassan xalqingdan, Zavq olasan rahm–shafqat ko‘rsatishdan. Sen bizga yana rahm qilasan. Ayblarimizni ko‘mib yuborasan, Gunohlarimizni dengiz tubiga uloqtirasan. Qadimda ota–bobolarimizga ont ichganingday Sen Yoqub avlodiga sadoqatli bo‘lasan, Ibrohim nasliga so‘nmas sevgingni ko‘rsatasan. Naynavo shahri haqida bashorat. Bu kitobda Elqo‘shlik Noxumga kelgan vahiy bayon qilingan. Egamiz rashkchi, qasoskor Xudodir, Egamiz qasoskor, darg‘azabdir. G‘animlaridan Egamiz qasos olar, Dushmanlaridan g‘azablanib yurar. Egamizning jahli tez chiqmas, Uning kuchi buyukdir, Aybdorni Egamiz aslo oqlamas! Yurgan yo‘li quyunu bo‘ron bo‘lar. Oyog‘i ostidan changday Ko‘tarilar qora bulutlar. U dengizga do‘q urib, uni quritar, Barcha daryolarni qaqratib yuborar. Bashan va Karmil yaylovlari xazon bo‘ladi, Lubnon gullari so‘lib qoladi. Uning oldida silkinar tog‘lar, Parchalanib ketar adiru qirlar. Huzurida zamin tebranar, Butun jahon va undagi mavjudot qaltirar. Uning qahriga kim bardosh bergay?! Alangali g‘azabidan kim omon qolgay?! Uning g‘azabi olovday yoyilar, Uning oldida qoyalar chilparchin bo‘lar. Egamiz yaxshidir, Kulfat kunida qo‘rg‘ondir U, Xudoda panoh topganlarni saqlaydi U. Toshqin sel bilan Naynavoni vayron qilar, Yovlarining payiga tushib, zulmatga haydar. Ey Naynavo, nechun Egamizga qarshi fitna uyushtirasan?! Axir, U bir urib seni qirib tashlaydi, Ikkinchi urishiga hojat bo‘lmaydi. Chirmashgan tikanu quruq xas–cho‘p kabi, Sizlar ham, ey mayxo‘rlar, yondirib tashlanasiz! Ey Naynavo, qabih shoh sendan chiqdi, Egamizga qarshi u fitna–fasod qildi. Egamiz esa shunday aytur: “ Ossuriyaliklar kuchli va behisob bo‘lsa–da, Ular qirilib, yo‘q bo‘ladi. Ey xalqim, boshingga kulfat soldim! Endi bunday kulfat solmayman zinhor! Seni Ossuriya bo‘yinturug‘idan ozod qilaman, Kishanlaringni uzib tashlayman.” Sen haqingda, ey Ossuriya, Egamiz shunday amr etar: “Sening noming dunyodan o‘char. Yo‘q qilaman xudolaring uyidagi quymayu o‘yma butlarni, Yaramas xulq–atvoring uchun hozirlayman qabringni.” Qarang! Xushxabar keltiruvchi kimsa, Tog‘lar osha shoshib keladi bu yoqqa. Tinchlikni e’lon qiladi U sizga! Ey Yahudo, nishonlagin bayramlaringni, Olib kel ont ichib atagan nazrlaringni. Yurtingga tajovuz qilmas endi qabihlar, Zero, tamomila yo‘q bo‘ldi ular. [1-2] Dushmanlar Isroil yurtini xarob qilgan, Uzumzorlarini payhon etgan. Biroq Egamiz tiklar Yoqub naslining ulug‘vorligini, Ha, Isroil xalqining buyukligini. Bosqinchi senga hujum qildi, ey Naynavo! Qani bo‘l, qo‘riqla qo‘rg‘onlaringni, Yo‘ldan uzma sen ko‘zingni. Yig‘ib olgin bor kuchingni, Jangga bog‘la belingni. *** Dushman sipohlarining qalqoni qizil, Jangchilarining kiyimi alvon, Jang kuni aravalari olovday chaqnar, Behisob nayzalari bosh uzra tebranib turar. Shahar ichida aravalar quturib yelar, Maydonlarni kesib u yoqdan–bu yoqqa o‘tar, Mash’alalarga o‘xshab yonib turar, Yashin tezligi bilan uchar. Naynavo shohi amr berar lashkarboshilariga, Olg‘a bosib qoqinar ular yo‘lda. Qalqonlari panohida bosqinchilar Shahar devoriga yopirilar. Daryo to‘g‘onlarini ular buzib tashlar, Saroy ivib, qulay–qulay deb turibdi. Shahar ahlini surgun qilishga qaror qilindi, Cho‘rilari musichaday nola qilmoqda, O‘z ko‘ksiga ular urmoqda. Naynavo darz ketgan hovuzga o‘xshaydi, Yoriqlaridan suv oqib ketganday, Uning aholisi qochib ketyapti, Ortidan “To‘xtanglar! To‘xtanglar!” Degan qichqiriqlar eshitilar, Lekin hech kim ortiga qaytmas. Bosqinchilar baqirar: “Talon–taroj qiling kumushu oltinni! Bitmas–tuganmasdir Naynavoning xazinasi! Serobdir uning qimmatbaho narsasi!” Ship–shiydam, vayron, talqon bo‘ldi Naynavo! Qo‘rquvdan yuraklar orqaga tortib ketdi, Tizzalar qaltiradi, badanni titroq bosdi, Bo‘zday oqardi hammaning yuzi! Nima bo‘ldi Naynavo shahriga?! O‘xshar edi–ku u sherning uyasiga. Ha, o‘xshar edi Naynavo sher bolalarini boqqan bir inga. Sher va ona sher izg‘igan paytda, Bolalari xatarsiz edi u yerda! Sher o‘z bolalari uchun Yetarlicha o‘lja tilka–pora qilgan, U ona sher uchun ham ovini bo‘g‘izlagan, Murda bilan to‘ldirgan o‘z inlarini, O‘lja bilan — uyalarini. Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Men senga qarshiman, ey Naynavo! Jang aravalaringni tutatib yondiraman. Yosh sherlaring qilichdan halok bo‘ladi. Sen endi yer yuzida talonchilik qilmaysan. O‘lponchilaringning ovozi o‘chadi.” Holingga voy, ey qo‘li qon shahar! O‘taketgan makkor, o‘ljaga to‘lgan shahar! U yerdagi qotilliklar hech tugamas! Quloqqa chalinar qamchilarning vizillashi, G‘ildiraklarning taraq–turug‘i, Yelayotgan ot tuyoqlarining tovushi, Jang aravalarning gumburlashi! Jangga kirmoqda otliq sipohlar, Yalt–yult etmoqda qilichlar, Yarqiramoqda nayzalar, Uyilib ketdi o‘liklar, Uyum–uyum bo‘ldi jasadlar, Murdalarning son–sanog‘i yo‘q. Qoqilishar jasadlarga odamlar! Ey Naynavo, o‘zingni buzuq fohishaday tutding, Suyuqoyoq jodugarday odamlarni rom qilding, Buzuqliging bilan xalqlarni qul qilding, Sehr–jodularing bilan o‘zingga og‘dirding. “Men senga qarshiman! — deb aytmoqda Sarvari Olam. — Men ko‘ylagingni ko‘tarib, Xalqlarga yalang‘och tanangni ko‘rsataman, Ellar oldida sharmandangni chiqaraman. Ustingdan axlat yog‘dirib, seni xo‘rlayman. Odamlarga sen tomosha bo‘lasan. Seni ko‘rganlar orqaga chekinib, shunday deyishar: ‘Naynavo vayron bo‘ldi! Kim unga achinar ekan?!’ Seni yupatadigan hech kim yo‘q!” No‘ shahridan sening ortiq joying bormidi?! O‘sha shahar Nil daryosi bo‘yida joylashgandi, Suvlar qurshovida turgandi, Daryo — uning istehkomi, Suvlar — himoyasi bo‘lgandi. Habashistonu Misr uning ustidan hukmronlik qilardi, Kuchining chek–chegarasi yo‘q edi. Fut bilan Liviya uning ittifoqdoshlari edi. Shunday bo‘lsa–da, No‘ shahrining aholisi surgun qilindi, Odamlari asirlikka olib ketildi, Har bir ko‘chaning boshida Toshga urib o‘ldirildi go‘daklari, Aslzodalari uchun qur’a tashlandi, Barcha zodagonlari zanjirband bo‘ldi. Ey Naynavo, sen ham mast bo‘lib, gandiraklab qolasan, Bekinasan, dushmanlaringdan qochib, panoh izlaysan. Sening hamma qal’alaring Mevasi pishgan anjir daraxtiga o‘xshar. Anjirni silkitsang, Anjirlar xo‘randaning og‘ziga tushar. Lashkaringga bir qarasang–chi! Xotin kishidan farqi yo‘q–ku ularning. Yurtingning darvozalari yov uchun keng ochildi, Darvozalarning tambalarini olov yo‘q qildi. Qamalga tayyorlangin! Suvga to‘ldir idishlaringni! Mustahkamla qo‘rg‘onlaringni! Oyoq bilan ezgin loyni, Tayyorla tezroq qoliplaringni! Baribir olov seni yamlab yuborar, Chigirtka ekinlarni qirtishlaganday, Qilich seni qirib tashlar. Chigirtkaday ko‘payaver! Savdogarlaringni osmondagi yulduzlardan ham ko‘p qilding, Biroq ular chigirtkaday yurtingni talashar, So‘ng qanot qoqib uchib ketishar. Sovuq kunda devorlarga qo‘nadigan, Quyosh chiqqach esa uchib yo‘q bo‘ladigan Chigirtkadaydir sening posbonlaring, Chigirtka galasidaydir sening a’yonlaring. Ular qayerga g‘oyib bo‘lganini bilmaydi hech kim. Ey Ossuriya shohi, Cho‘ponlaringning ko‘zi yumilgan, Yo‘lboshchilaring abadiy uyquga ketgan, Sening xalqing tog‘larga tarqalgan, Ularni yig‘adigan biror kimsa yo‘q. Sening yarangni davolab bo‘lmas, Jarohating halokatlidir. Bu haqda xabar topgan hamma odamlar Xursandligidan chapak chalar. Zotan hech kim cheksiz zulmingdan Qochib qutula olmagan. Xabaqquq payg‘ambarga vahiy orqali ayon bo‘lgan bashorat. Ey Egam, qachongacha Sendan yordam so‘rab yolvoray?! Menga quloq solasanmi o‘zi?! Qachongacha: “Zo‘ravonlikdan qutqar!” — deb iltijo qilay?! Bizga najot berasanmi o‘zi?! Nima uchun nohaqlikka qarab turishim kerak?! Bunday haqsizlikka qanday chiday olyapsan?! Atrofimga nazar solsam, zo‘ravonligu talonchilikni ko‘raman. Janjal bilan urush avj olmoqda. Natijada qonun kuchini yo‘qotdi, adolat esa poymol bo‘ldi. Fosiqlar solihlardan baland kelgani uchun, nohaq hukm chiqarilyapti. Atrofdagi xalqlarga nazar solinglar! Ularga yaxshilab qaranglar! Ko‘rganingizdan hayratda qolasizlar. Sizning davringizda Men shunday bir ish qilamanki, agar eshitsangiz qulog‘ingizga ishonmaysizlar. Mana, Men Bobilliklarni g‘oyat kuchli qilmoqdaman. Bu xalq shafqatsiz va tajovuzkordir. Ular dunyoning har tomoniga yurish qiladilar, o‘zga yurtlarni bosib oladilar. Hammani qo‘rquv, vahimaga soladilar. O‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lgan takabburdir ular. Ularning otlari qoplondan tez, kechasi izg‘iydigan bo‘rilardan xavfli. Otliqlari uzoqdan otlarini yeldirib kelishadi, o‘ljasiga tashlanadigan burgut kabi uchib kelishadi. Ularning to‘dalari zo‘ravonlik maqsadida kelishadi. Ular sahrodan keladigan quyun kabi bo‘lib, qum yiqqanday asirlarni yig‘ishadi. Shohlarni mazaxlashadi, hukmdorlarni masxara qilishadi. Mustahkam shaharlar ustidan kulishadi. O‘sha shaharlar devorlariga qiyalatib tuproq uyadilar. Ularni qo‘lga kiritadilar. So‘ng shamol kabi tez o‘tib ketishadi. Ular o‘z kuchini xudo, deb biladilar, shuning uchun jazodan qocha olmaydilar. Ey, Egam Xudo, Muqaddas Xudoyim! Doimo mavjud bo‘lgan Xudo Sen emasmi?! Shunday ekan, Bobilliklar dastidan biz yo‘q bo‘lib ketmaymiz. Ey, Egam! Sen, hukmimni amalga oshirsin, deb Bobilliklarni tanlading. Ey, Tayanchim, xalqimni jazolasin deb, ularni tayinlading. Sening ko‘zlaring shu qadar pokizaki, Sen yovuzlikka qarab turolmaysan. Haqsizlikka chiday olmaysan. Hayronman, qanday qilib bu makkor odamlarga chidab yuribsan?! Bu qabihlar o‘zlaridan solihroq xalqni yamlab yutyapti–ku, qanday qilib ularga indamay jim turibsan?! Sen odamlarni dengizdagi baliqlar kabi qilding, yo‘lboshchisi bo‘lmagan dengiz maxluqlariga o‘xshatib qo‘yding. Bobilliklar odamlarni o‘z qarmog‘iga ilintiradilar. To‘r tashlab baliq ovlaganday ularni ovlaydilar. Yoyma to‘rlariga tushirib, qirg‘oqqa tortib chiqaradilar. Ovini ko‘rgach, xursand bo‘lib sevinadilar. Ha, to‘rlari tufayli ular mo‘l o‘lja oladilar, sara taomlardan tanovul qiladilar. Shuning uchun to‘rlariga atab qurbonliklar keltiradilar, yoyma to‘rlariga atab tutatqilar tutatadilar. Qachongacha ular to‘rlari bilan ellarni ovlaydilar?! Qachongacha xalqlarni shafqatsiz nobud qiladilar?! Men minoraga chiqib olaman. Shahar devoridan olislarga qarab, Egamning javobini kutaman. Shikoyatimga javob berganda, Unga nima aytishimni o‘ylab ko‘raman. Egamiz menga shunday javob berdi: “Senga ayon qilgan so‘zlarimni tosh lavhalarga aniq qilib yoz, yugurib ketayotgan odam uni bir qarashdanoq o‘qiy oladigan bo‘lsin. Bashorat belgilangan vaqtda amalga oshadi. O‘sha vaqt hademay yetib keladi, bashorat ro‘yobga chiqadi. Bordi–yu, u kechikadigan bo‘lsa, sabr qilgin. U albatta bajo bo‘ladi, kech qolmaydi. Menga qara! To‘g‘ri yo‘ldan yurmaganlar halok bo‘ladi. Colihlar esa Xudoga bo‘lgan sadoqati tufayli tirik qoladi.” Boylik aldamchidir. Boylar takabbur, ular hech qachon tinib–tinchimaydilar. Ular o‘liklar diyori kabi ochko‘z, o‘lim kabi to‘ymaslar. Ular xalqlarni o‘zlariga tobe qilishar, ellarni qo‘l ostiga olishar. Asirlikka tushganlar ularni nafratomuz mazax etadilar, masxara qilib, shunday aytadilar: “Ey, birovning boyligini talab, uyum qilganlar, sizning holingizga voy! Sizlar birovning narsasini qaytarmay, qarzlaringizni orttirib yuribsizlar. Bunday hol uzoqqa cho‘zilarmidi?! Qarzlaringizni qistaydiganlar to‘satdan paydo bo‘ladi. Ular kelib sizlarni dahshatga solishadi. Shunda sizlar ular uchun o‘lja bo‘lasizlar. Sizlar ko‘p xalqlarni taladingiz. Odamlarning qonini to‘kdingiz, yurtu shaharlarni vayron qilib, u yerdagilarni nobud qildingiz. Shuning uchun omon qolgan xalqlar endi sizlarni talon–taroj qiladilar. Ey, harom yo‘l bilan boylik topib, uyiga tashiganlar, sizning holingizga voy! Sizlar uylaringizni balandlikda qurib, o‘zingizni kulfat changalidan asramoqchi bo‘ldingiz. Ammo hiylalaringiz xonadoningizni sharmanda qildi. Sizlar ko‘p xalqlarni nobud qilganingiz uchun o‘z boshingizga yetdingiz. Hatto uyingiz devoridagi toshlar zo‘ravonligingizdan dod soladi. To‘sinlarning nolasi aks sado bo‘lib chiqadi. Ey, qotillik ila shaharlar qurganlar, holingizga voy! Ey, zo‘ravonlik ila qo‘rg‘onlarga asos solganlar, holingizga voy! Ellar behuda tinkasini quritadi. Xalqlarning ter to‘kib erishganlari olovga yem bo‘ladi. Bu Sarvari Olamning ishi emasmi?! Ha, suvlar to‘ldirganday dengizni, yer yuzi to‘liq biladi Egamizning ulug‘vorligini. Ey, qo‘shni xalqlarga sharobni zo‘rlab ichirganlar, holingizga voy! Yalang‘och badanlarini tomosha qilaylik deb, ularga g‘azabingiz sharobidan ichirdingiz. Ularni mast qildingiz. Biroq sizlar obro‘ topmay o‘zingiz sharmandalikdan mast bo‘lasizlar. Qani, iching! Yalang‘och tanangizni ko‘rsating! Ana, Egamizning o‘ng qo‘lidagi jazo kosasi sizlarga yetib keldi! Obro‘yingiz to‘kilib, sharmandangiz chiqadi. Ha, Lubnonda qilgan zo‘ravonligingiz o‘z boshingizga yetadi. U yerda yovvoyi hayvonlarni qirdingiz, endi hayvonlar sizlarni dahshatga tushiradi. Chunki sizlar yurtu shaharlarni vayron qildingiz. Odamlarning qonini to‘kib, ularni nobud qildingiz.” Inson yasagan butdan ne foyda?! Sanamning foydasi bormi yolg‘ondan boshqa?! Nega odam o‘zi yasagan narsasiga umidini bog‘laydi?! Nega tili yo‘q bir butni yasaydi?! Holingizga voy, ey, bir parcha yog‘ochga “Uyg‘on!” deganlar! Holingizga voy, ey tilsiz toshga “Tur!” deb yolvorganlar! But sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatarmidi?! Oltinu kumush bilan qoplangan butning joni bormidi?! Egamiz esa O‘zining muqaddas Ma’badidadir. Uning oldida butun dunyo sukut saqlasin! Xabaqquq payg‘ambarning kuyga solingan ibodati: “Ey, Egam, men Sening shuhrating haqida eshitdim. Qilgan buyuk ishlaringdan hayratda qoldim. Ey, Egam, bizning davrimizda ham shunday ishlaringni qilgin. Odamlar Sening nimalarga qodir ekanligingni bilib qo‘yishsin. G‘azablanganingda mehr–shafqatni esdan chiqarmagin. Xudo keladi Edom yurtidan, Muqaddas Xudo keladi Poron qirlaridan. Uning ulug‘vorligi ko‘kni porlatar, Hamdu sanolariga butun dunyo to‘lar. Ulug‘vorligi chaqmoqday chaqnar, Nur sochilar Uning qo‘lidan — Kuch yashiringan bilagidan. Uning oldida yuradi o‘lat, Uning ketidan ergashadi ofat. To‘xtaganda yer silkinadi, Nazar solganda xalqlarni titroq bosadi. Uning qadimdan yurgan yo‘llaridagi Mangu tog‘lar o‘pirilib tushadi, Abadiy qirlar cho‘kib past bo‘ladi. Kushondagi odamlarning qo‘rqqanini men ko‘ryapman, Midiyondagi odamlarning dag‘–dag‘ qaltiraganini ko‘ryapman. Ey, Egam, nahotki g‘azablansang daryolardan?! Nahot Sening jahling chiqsa irmoqlardan?! Yoki Sening qasding bormidi dengizdan?! Shuning uchun otlaringni choptirasanmi, Zafarli jang aravalaringga minib olasanmi?! Sen g‘ilofdan chiqarasan kamoningni, O‘qlarga to‘ldirasan o‘qdoningni. Daryolar bilan yorasan yer yuzini. Buni ko‘rganda tog‘larni dard tutar, Shiddatli oqim ko‘pirib oqar. Dengiz chuquridan nido yangrar, Dengiz to‘lqinlari ko‘kka intilar. Sening o‘qlaring uchib chaqnaydi, Nayzalaring yalt etib yonadi. Bundan quyoshu oy o‘z joyida qotib turadi. Sen jahl ustida bosib o‘tarsan yer yuzini, G‘azabga minib oyoq osti qilarsan xalqlarni. Qutqarish uchun kelasan O‘z xalqingni, O‘z tanlaganing orqali ozod qilish–chun ularni. Fosiq xalqning yo‘lboshchisini urasan, Boshdan–oyoq uni shilib tashlaysan. G‘animlarimiz quyun kabi kelyaptilar, Bizni har yoqqa tarqatib yubormoqchi bo‘lyaptilar. O‘z uyasida o‘ljasini g‘ajigan yirtqich hayvonday, Kuchsiz ovidan o‘zida yo‘q sevinyaptilar. Sen esa ularning yo‘lboshchisini o‘z o‘qlari bilan halok qilasan. Otlaring tuyoqlari dengizni bosib ezadi, Bahaybat suvlarni bir joyga yig‘ib qo‘yadi.” Men bularni eshitdim. Shunda uvushdi mening yuragim, Titray boshladi lablarim, Madorim qolmay, qaltiradi tizzalarim. Ammo men sabr–toqat qilaman, Bosqinchilarimiz boshiga tushadigan kulfat kunini kutaman. Bordi–yu, anjir daraxti gullamay qolsa, Uzum toklari meva tugmasa, Zaytun daraxtlari hosil bermasa, Daladagi ekinlar unmay qolsa, Qo‘ralarda qo‘ylar qolmasa, Og‘ilxonalar bo‘m–bo‘sh bo‘lsa, Shunda ham Egamdan shod bo‘lurman, Najotkorim Xudodan quvonurman. Egam Rabbiy mening qudratimdir. U oyoqlarimni kiyik oyog‘iday qiladi, Cho‘qqilar uzra meni bexatar yurg‘izadi. Yahudo yurtida Omon o‘g‘li shoh Yo‘shiyo hukmronlik qilgan davrda Zafaniyoga Egamiz O‘z so‘zini ayon qildi. Zafaniyo shoh Xizqiyo avlodidan bo‘lib, Kushining o‘g‘li, Gadaliyoning nevarasi va Emoriyoning evarasi edi. Egamiz shunday demoqda: “Men yer yuzidagi hammani Gard qoldirmay supurib tashlayman. Ha, Men odamlaru hayvonlarni, Ko‘kdagi qushlaru Dengizdagi baliqlarni supurib tashlayman. O‘sha hayvonlar tasviridagi butlarni parchalayman. Ular qatorida fosiqlarni ham yo‘q qilaman, Yer yuzidagi butun inson zotini Ildizidan quritib yuboraman. — Egamizning kalomi shudir. — Men Yahudo va Quddusga qarshi qo‘l ko‘taraman. Baalga sig‘inganlarni bitta qoldirmay yo‘q qilaman, Butparast ruhoniylarning xotirasini o‘chiraman. Tomda quyosh, oy, yulduzlarga sig‘inganlarni halok etaman, To‘g‘ri, ular Men, Egangizga sajda qilib, sadoqat ontini ichadi, Lekin Mo‘laxga ham topinib, va’dalar berishadi. Mendan yuz o‘girib, izimdan yurmagan bu odamlar nobud bo‘ladi, Menga intilmagan, Mendan yordam so‘ramaganlar o‘ladi.” Egamiz Rabbiy oldida sukut saqlang! Zero, Egamizning keladigan kuni yaqinlashib qoldi. Egamiz O‘z xalqini qurbonlik qilishga tayyorladi. U taklif qilgan mehmonlar yetib keldi. Egamiz shunday deydi: “Men qurbonlik keltiradigan o‘sha kuni Yahudo a’yonlarini, shohning o‘g‘illarini, Butparast odatlarga berilganlarning hammasini jazolayman. Butparastlarga o‘xshab ostona hatlaganlarning Ta’zirini beraman. Shoh saroyini zo‘ravonligu firibgarlikka To‘ldirganlarni jazolayman.” Egamiz shunday demoqda: “O‘sha kuni Quddusning Baliq darvozasidan faryod ko‘tariladi, Shaharning Yangi dahasidan dod–voy eshitiladi. Qirlardan vayronagarchilik sadolari keladi. Ey bozor ko‘chasida yashaganlar, dod soling! Axir, hamma savdogarlaringiz halok bo‘ladi, Oldi–sotdi qilganlar qirib tashlanadi. Men o‘sha kuni bir chiroq olaman, Quddusning har bir burchagini tekshirib chiqaman. ‘Egamizning qo‘lidan na yaxshilik, na yomonlik keladi’, deb O‘ylaganlarning jazosini beraman. Gunohga botib o‘tirgan Beparvo odamlarni jazolayman. Ular uylar qurishadi, Ammo uylarida yashash ularga nasib etmaydi. Uzumzorlar barpo qilishadi, Ammo sharobidan ichisholmaydi. Boyliklari talon–taroj qilinadi, Qurgan uylari buzib tashlanadi.” Oz qoldi Egamizning buyuk kuniga! Oz qoldi! O‘sha kun shiddat bilan yaqinlashmoqda. Quloq soling! Bu Egamizning kunidir. Bu kun achchiq kulfat keltiradi, Hatto jasur jangchilar qo‘rqqanidan baqiradi. Bu kun Xudoning g‘azab kunidir. O‘sha kuni hamma azob–uqubat chekadi, Hamma yoq vayronayu xarobazorga aylanadi. Zimziyo zulmat kuni bo‘lar o‘sha kun, Bulut qoplagan tim qorong‘i bo‘lar o‘sha kun! Mustahkam shaharlaru baland minoralar Hujum ostida qoladi, Burg‘u ovoziyu jangga da’vat tovushlarini O‘sha kun o‘zida mujassam etadi. Egamiz shunday deydi: “Odamlar Menga qarshi gunoh qildilar, Shu sababdan Men ularning boshiga kulfat solaman, Ular ko‘r odamday qoqilib yuradilar. Ularning qoni to‘kilib, yerni qoplaydi, Jasadlari tilka–pora bo‘lib, yerda go‘ngday yotadi.” Egamizning g‘azab kunida Kumush ham, oltin ham ularga najot bermaydi. Egamizning rashk o‘ti Butun dunyoni kuydirib tashlaydi. Ha, yer yuzida yashagan hammani Egamiz dahshatli tarzda yo‘q qiladi. [1-2] Esingni yig‘ib olgin, Ey sharmanda xalq! Shamol uchiradigan somonday Yo‘q bo‘lib ketmasingdan oldin, Egamizning alangali qahriga Uchramasingdan oldin, Egamizning g‘azab kuni Kelmasidan oldin esingni yig‘ib olgin! *** Egamizning amrlariga itoat qiladigan, Ey yurtning kamtarin odamlari, Egamizga intilinglar. To‘g‘rilikka bog‘lanib, Mo‘min–qobillik payida bo‘linglar. Shundagina Egamizning g‘azab kunida Jazodan qutulib qolishingiz mumkin. G‘azo shahri huvullab qoladi, Ashqalon shahri vayron bo‘ladi. Ashdod aholisi kunning tush paytigacha haydab chiqariladi, Exron shahri tag–tugi bilan yo‘q qilinadi. Ey, dengiz qirg‘og‘ida yashayotgan Filist xalqi, Sening holingga voy! Ey, Kan’ondagi Filist yurti, Egamiz senga qarshi shunday deydi: “Men seni vayron qilaman, Birontangni ham tirik qoldirmayman.” Ey, dengiz qirg‘og‘idagi o‘lka, Sen dashtga aylanasan. U yerda cho‘ponlar chodirlar tikadi, Ular qo‘y–echkilari uchun qo‘ralar quradi. Yahudo xalqining omon qolganlari Yurtingga egalik qiladi. Cho‘ponlari yurtingda qo‘y–echkilarini o‘tlatishadi, Ular Ashqalondagi tashlandiq uylarda tunashadi. Axir, Egasi Xudo ularga g‘amxo‘rlik qiladi, Ularni yana farovonlikka erishtiradi. [8-9] Isroil xalqining Xudosi, Sarvari Olam shunday demoqda: “ Mo‘abliklar xalqimni qanchalik tahqirlaganini, Ommonliklar ularni qanchalik xo‘rlaganini, Xalqimni haqoratlab, yurtiga tahdid solishganini eshitdim. Shunday ekan, Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki, Mo‘ab yurti Sado‘m shahrining holiga tushadi, Ommon yurti G‘amo‘ra shahriga o‘xshab qoladi. O‘sha yurtlar sho‘r bosgan tikanzorlarga aylanadi, To abad tashlandiq joylar bo‘lib qoladi. Xalqimning omon qolganlari ularni talon–taroj qiladi. Yurtlarini o‘zlariga mulk qilib olishadi.” *** Ular Sarvari Olamning xalqini mazax qilganlari uchun, Kekkayib, mag‘rurlanganlari uchun, Bu ko‘rgiliklar boshlariga tushadi. Egamiz ularni vahimaga soladi, Yer yuzidagi jamiki xudolarni yo‘q qiladi. Shunda dengiz qirg‘og‘idagi ellar Egamizga sajda qilishadi. Har biri o‘z yurtida Egamizni madh etadi. Ey, Habashistonliklar, Egamiz sizlarni ham qilichi bilan o‘ldiradi. Egamiz shimolga qarshi qo‘l ko‘taradi, U Ossuriyani yo‘q qiladi. Naynavo shahrini vayron qiladi, Uni suvsiz sahroga aylantiradi. U yerda chorva o‘tlab yuradigan bo‘ladi, Har xil yovvoyi hayvonlar orom oladi. Saroy vayronalarida boyo‘g‘li yashaydi, Oynalaridan uning tovushi eshitiladi. Ostonalarida xarobalar uyum–uyum bo‘lib yotadi. Binolarining sadr yog‘ochlari shilib olinadi. Bexatar yashayotgan manman shahar shu ko‘yga tushadi! “Menga teng keladigani yo‘q”, deb aytayotgan shaharning holi shu bo‘ladi! Xarob bo‘lgan bu shahar Yovvoyi hayvonlarning makoniga aylanadi. Vayronalar oldidan o‘tgan–ketganlar Undan hazar qilib, yerga tupurib ketishadi. Bulg‘angan, buzuq shaharning holiga voy! Zolimlarga to‘lib ketgan shaharning holiga voy! U hech kimning gapiga quloq solmaydi, O‘ziga hech qanday saboq olmaydi. O‘z Xudosi tomon yuz burmaydi, Umidini Egamizga bog‘lamaydi. Shahar a’yonlari o‘kirayotgan sherlarga o‘xshaydi. Hakamlari ham kechasi och qolgan bo‘rilarga o‘xshab, Ertalabgacha o‘ljasidan hech narsa qoldirmaydi. Payg‘ambarlari katta ketadi, Hammasi qalloblik qiladi. Ruhoniylari Xudoning uyini harom qiladi, Ular Tavrot qonunini buzadi. Ammo Egamiz hamon shahardadir. U doim to‘g‘ri ish qiladi, U nohaqlik qilmaydi aslo! U har kuni ertalabdan adolat o‘rnatadi, Tong sahardan odillik bilan ish tutadi, Fosiqlar esa uyalmay yomonlik qilaveradi. Egamiz shunday deydi: “Men xalqlarni qirib tashladim, Ularning shaharlarini vayron qildim, Qal’alarini qulatdim. Ana, ko‘chalari huvullab qoldi, Shaharlarida inson zoti qolmadi. Endi xalqim Mendan qo‘rqar, Bundan o‘ziga saboq olar, deb o‘ylagan edim. Quddusni vayron qilmayman, Aytganlarimni boshiga solmayman, degan edim. Ammo ular shunda ham, Qabihliklar qilish ishtiyoqidan voz kechmadilar.” Egamiz shunday demoqda: “Mening kelishimni kutinglar, Men xalqlarga hamla qilib, Ularni talon–taroj qiladigan kunni kutinglar. Men qaror qildim: xalqlarni yig‘aman, Barcha ellarni to‘plab olaman. Ularning ustiga g‘azabimni sochaman, Alangali qahrimni ularga yog‘diraman. Rashkim o‘ti butun dunyoni kuydirib tashlaydi. Keyin Men barcha xalqlarning nutqini o‘zgartiraman, Shunda ular butlarga iltijo qilmay, faqat Menga iltijo qilishadi. Birgalikda Menga xizmat etishadi. Olis yurtlardan ixlosmandlarim kelishadi, Habashistondagi daryolarning narigi tomonidan, Menga nazrlar olib kelishadi. Ey xalqim, o‘sha kuni sizlar uyalib qolmaysizlar, Oldinlari Menga bo‘ysunmaganingizdan shunda xijolat tortmaysizlar. Axir, Men orangizdagi takabbur odamlarni yo‘q qilaman. Shunda Muqaddas tog‘imda o‘zlaringizni katta tutmaydigan bo‘lasizlar. Men faqat kamtarin va itoatkor odamlarni qoldiraman. Ular Men, Egangizda panoh topadilar. Isroil xalqining omon qolganlari Hech yomonlik qilmaydilar. Ular hech kimni aldamaydilar, Og‘izlaridan yolg‘on so‘z chiqmaydi. Ular yaylovda o‘tlab yurgan qo‘ylarday orom oladilar, Hech kim ularni bezovta qilmaydi.” Ey Isroil xalqi, sevinch ila hayqiring! Ey Quddus aholisi, kuylang! Ey Sion ahli, butun qalbingizdan shodlaning! Egamiz sizlarni jazolab bo‘ldi, Dushmanlaringizni U quvib yubordi. Isroilning Shohi — Egamiz orangizdadir. Siz endi kulfatdan qo‘rqmang. O‘sha kuni Quddusga shunday so‘zlar aytiladi: “Ey, Sion aholisi, qo‘rqmang! Aslo bo‘shashmang! Egangiz Xudo sizning orangizdadir, Sizga zafar keltiruvchi jangchi O‘shadir. U sizni deb xursand bo‘lib sevinadi. O‘z sevgisi ila qo‘rquvlaringizni olib tashlaydi. Ha, sizni deb shod bo‘lib kuylaydi.” Egamiz shunday deydi: “Ey surgun bo‘lgan Quddusliklar, Sizlar tayinlangan bayramlarda Qatnasha olmaganingizdan xafasizlar, Men sizlarni o‘z yurtingizga olib kelaman, Bundan buyon xor bo‘lishingizga yo‘l qo‘ymayman. Sizlarga zulm o‘tkazgan xalqlar bilan O‘shanda O‘zim hisob–kitob qilaman. Men cho‘loqlarni qutqaraman, Haydab yuborilganlarni yig‘ib olaman. Ular sharmanda bo‘lgan har bir yurtda Obro‘ va shuhrat topadilar. Ha, o‘sha vaqtda sizlarni yig‘ib olaman, Uylaringizga eltib qo‘yaman. Sizlarni yana farovonlikka erishtiraman, Buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, Xalqlarning hurmatu maqtovlariga sazovor bo‘lasiz.” Egamizning kalomi shudir. Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yil, oltinchi oy, birinchi kuni edi. Yahudo hokimi — Shaltiyol o‘g‘li Zarubabelga va oliy ruhoniy — Yohuzadax o‘g‘li Yoshuaga payg‘ambar Xaggey orqali Egamiz quyidagi so‘zlarini ayon qildi: [2-3] — Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Bu xalq: ‘Hali Egamizning uyini qurishning vaqti kelgani yo‘q’, deb aytadi. *** Ey, Isroil xalqi, Mening uyim vayron bo‘lib yotganda sizlarga hashamatli uylarda yashashning vaqtimi?!” Mana endi Sarvari Olam shunday aytmoqda: “O‘z ahvolingizga qarab, yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar–chi! Ko‘p ekib, kam o‘rasiz. Ovqat yeysiz–u, to‘ymaysiz. Ichasiz, ammo chanqog‘ingiz qonmaydi, ustingizga kiyasiz–u, isinolmaysiz. Kim pul ishlasa, uning puli yirtiq hamyonga tushadi.” Sarvari Olam shunday demoqda: “O‘z ahvolingizga qarab, yaxshilab o‘ylab ko‘ring, axir! Tog‘larga chiqib, yog‘och olib tushinglar–da, Mening uyimni quringlar. Men uni ko‘rib zavqlanib, ulug‘lanaman, — deydi Egamiz. — Ko‘p hosil olishni umid qilgan edingiz, mana kam oldingiz. Uyga olib kelganingizni sochib yubordim. Nima uchun? — demoqda Sarvari Olam. — Mening uyim vayron bo‘lib yotgan paytda, sizlar faqat o‘z uyingiz haqida o‘ylaganingiz uchun shunday qildim. Sizlarni deb osmondan shudring tushmadi, yer ham hosil bermadi. Men dalalar, qirli joylarga qurg‘oqchilik keltirib, don, uzum sharbati va zaytun moyini quritdim. Yerdan chiqqan barcha hosilni yo‘q qildim, odamlar va hayvonlarni qiyinchiliklarga duchor qildim. Insonlar o‘z qo‘llari bilan qilgan mehnatlarini puchga chiqardim.” Shundan keyin Zarubabel, oliy ruhoniy Yoshua va asirlikdan qaytib kelgan barcha xalq o‘zlarining Egasi Xudoga itoat qilishdi. O‘zlarining Egasi Xudo yuborgan payg‘ambar Xaggeyning so‘zlariga quloq solishdi, chunki ular Egamizdan qo‘rqardi. Egamizning elchisi Xaggey Uning quyidagi so‘zlarini xalqqa yetkazdi: — Egamizning kalomi shudir: “Men sizlar bilan birgaman.” Yahudo hokimi — Shaltiyol o‘g‘li Zarubabelni, oliy ruhoniy — Yohuzadax o‘g‘li Yoshuani va asirlikdan qaytib kelgan butun xalqni Egamiz ruhlantirdi, shunda ular hammalari kelib, o‘zlarining Xudosi, Sarvari Olamning uyini tiklashni boshlashdi. Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yil, oltinchi oy, yigirma to‘rtinchi kunida qayta qurilish boshlandi. O‘sha yilning yettinchi oy, yigirma birinchi kunida Egamiz yana xabar yuborib, quyidagi so‘zlarni payg‘ambar Xaggeyga ayon qildi: — Yahudo hokimi — Shaltiyol o‘g‘li Zarubabelga, oliy ruhoniy — Yahuzadax o‘g‘li Yoshuaga va asirlikdan qaytib kelgan butun xalqqa shu gaplarni yetkaz: — Orangizda oldingi Ma’badning shuhratini ko‘rganlar bormi? Hozirgi ko‘rinishi qanday? Oldingisi bilan solishtirganda bunisi arzimagan bir narsaday–ku, axir! [4-5] Egamizning kalomi shudir: “Endi dadil bo‘l, ey, Zarubabel! Dadil bo‘l, ey, oliy ruhoniy Yoshua!” Egamiz aytmoqda: “Mana shu yurtdagi asirlikdan qaytib kelgan xalq, dadil bo‘linglar!” Sarvari Olamning kalomi shudir: “Mening Ruhim hali ham sizlarning orangizda, qo‘rqmanglar. Ishga kirishinglar, chunki Misrdan chiqqaningizda sizlarga bergan va’damga binoan Men sizlar bilan birgaman.” *** Axir, Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Birpasdan keyin yana osmonu yerni, dengiz va quruqlikni larzaga keltiraman. Barcha xalqlarni titrataman, ularning xazinasi shu yerga keltiriladi.” Sarvari Olam aytmoqda: “O‘shanda Men mana shu Ma’badni hashamat bilan boy qilaman.” Sarvari Olamning kalomi shudir: “Kumush Meniki, oltin ham Menikidir.” Sarvari Olam aytmoqda: “Bu Ma’badning keyingi shuhrati oldingisidan ham ulug‘roq bo‘ladi.” Sarvari Olamning kalomi shudir: “Mana shu yerda tinchlik ato qilaman.” Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yil, to‘qqizinchi oy, yigirma to‘rtinchi kunida payg‘ambar Xaggey orqali Egamizning quyidagi so‘zlari ayon bo‘ldi. Xaggey ruhoniylarga dedi: — Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Ruhoniylardan Tavrot bo‘yicha quyidagi holatlarni ajrim qilishni so‘ra. Agar birortasi kiyimining etagida qurbonlikdan olingan go‘shtni olib ketayotgan bo‘lsa, o‘sha kiyimning etagi bilan non, sho‘rva, sharob, zaytun moyi yoki boshqa oziq mahsulotiga tegib ketsa, o‘sha narsa ham muqaddas hisoblanadimi?” Ruhoniylar Xaggeyga: “Yo‘q”, — deb javob berdilar. Xaggey yana so‘radi: “Agar birortasi inson jasadiga tekkani uchun harom bo‘lsa–da, keyin aytib o‘tilgan oziq mahsulotlardan biriga tegsa, o‘sha narsalar harom hisoblanadimi?” Ruhoniylar: “Ha”, — deb javob berdilar. Shunda Xaggey dedi: — Egamizning qalomi shudir: “Mana shu odamlar ham, shu xalq ham oldimda shunday. Ular qilgan ishlarning hammasi, ular keltirgan har bir nazr ham harom. Endi sizga nima bo‘lgani haqida o‘ylab ko‘ring. Mening Ma’badimni qayta qurishni boshlamasingizdan oldin nimalar bo‘lgani haqida o‘ylab ko‘ring. 20 chora don olaman, deb xirmonga borganingizda u yerda faqat 10 chora don bo‘lardi. Xumdan 50 ko‘za sharob olaman, deb borganingizda esa faqat 20 ko‘za sharob topardingiz.” Egamiz aytmoqda: “Mehnatingizning barcha samarasini yo‘q qilay, deb garmsel, shira va do‘l yubordim. Shunda ham Menga qaytishni rad qildingiz. [18-19] Ammo bugun, to‘qqizinchi oyning yigirma to‘rtinchi kunidan boshlab, sizlarga nima bo‘lishi haqida o‘ylanglar. Ma’badimning poydevori yotqizilganiga ancha bo‘ldi. O‘shandan beri, ekkan urug‘laringiz aytarli bir hosil bermagan bo‘lsa ham, toklaringiz, anjirlaringiz, anorlaringiz va zaytun daraxtlaringiz hech bir hosil keltirmagan bo‘lsa ham, bugundan boshlab, Men sizlarga baraka beraman.” *** O‘sha kuni, oyning yigirma to‘rtinchi kunida Egamiz yana xabar yuborib, quyidagi so‘zlarni payg‘ambar Xaggeyga ayon qildi: — Yahudo hokimi Zarubabelga ayt: “Osmon va yerni larzaga solaman. Shohliklarning taxtlarini ag‘daraman, xalqlarning shohliklariga barham beraman. Jang aravalari va ularning ustidagilarni ag‘daraman. Otlar, chavandozlar yiqiladi, hamma bir–birining qilichidan halok bo‘ladi.” Egamizning kalomi shudir: “Ey, qulim, Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel, o‘sha kuni, — demoqda Sarvari Olam, — seni o‘z muhr uzugimday qilaman, chunki Men seni tanlaganman.” Sarvari Olamning kalomi shudir. Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili, sakkizinchi oyida, Yiddoning nabirasi — Barxiyoning o‘g‘li payg‘ambar Zakariyoga Egamiz O‘z so‘zini ayon qildi. [2-3] Egamiz unga quyidagi xabarni xalqqa yetkazishni buyurdi: Egamiz ota–bobolaringizdan qattiq g‘azablangan edi. Endi Sarvari Olam shunday aytmoqda: — Menga qaytinglar, — demoqda Sarvari Olam. — Shunda Men ham sizlarga qaytaman, — deydi Sarvari Olam. *** Ota–bobolaringizga o‘xshagan bo‘lmanglar. Oldingi payg‘ambarlar Sarvari Olam nomidan ularni shunday deb ogohlantirishgan: — Yomon yo‘ldan va qabih qilmishlaringizdan qaytinglar. Sarvari Olam shunday demoqda: — Garchi Men ota–bobolaringizni ogohlantirgan bo‘lsam–da, ular Mening so‘zlarimga e’tibor bermadilar, Menga quloq solmadilar. Qani endi o‘sha ota–bobolaringiz?! Qani, o‘sha payg‘ambarlar, ular abadiy yashaydilarmi?! O‘z qullarim payg‘ambarlar orqali aytgan so‘zlarim, ogohlantirishlarim ota–bobolaringizning boshiga tushdi–ku! Shunda ular tavba qilib: “Sarvari Olam O‘zi rejalashtirganday, yurgan yo‘llarimiz va qilmishlarimizga yarasha bizni jazoladi”, deb aytishdi. Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili, o‘n birinchi oy — Shebat oyining yigirma to‘rtinchi kunida, Yiddoning nabirasi — Barxiyoning o‘g‘li payg‘ambar Zakariyoga Egamiz yana O‘z so‘zini ayon qildi. Zakariyo quyidagi vahiylarni ko‘rdi: Kechasi men qizil ot mingan Egamizning farishtasini ko‘rdim. U kichik jarlikda mirta butalar orasida to‘htab turardi. Uning orqasida esa qizil, jigarrang va oq otlarda o‘tirgan chavandozlar turardi. Boshqa bir farishta men bilan gaplashayotgan edi. Men undan: — Ey to‘ram, bu chavandozlar kim bo‘ldi? — deb so‘radim. U shunday dedi: — Ularning kimligini senga ko‘rsataman. Shunda mirta butalar orasidagi farishta javob berib dedi: — Egamiz ularni, butun yer yuzini kezib chiqsin, deb yuborgan. Keyin chavandozlar mirta butalar orasidagi Egamizning farishtasiga dedilar: — Biz butun yer yuzini aylanib chiqdik, butun dunyo tinch ekan. Shunda Egamizning farishtasi shunday deb yolvordi: — Ey Sarvari Olam, qachongacha Quddus va Yahudo shaharlaridan o‘z mehr–shafqatingni darig‘ tutasan?! Axir, yetmish yildan beri ulardan g‘azabdasan! Shunda Egamiz men bilan gaplashgan farishtaga mehribon va tasalli beruvchi so‘zlar bilan javob berdi. O‘sha farishta odamlarga quyidagi habarni e’lon qilishimni buyurdi: Sarvari Olam shunday aytmoqda: — Men Quddus va Sionni juda rashk qilaman. O‘z xalqimdan ozgina jahlim chiqqan edi, mana bu xalqlar esa ularning boshiga tushgan kulfatni yanada ko‘paytirishdi. Endi mana shu tinch yashayotgan xalqlardan g‘azabdaman. Shuning uchun Egamiz aytmoqda: — Men Quddusga mehr–shafqat ko‘rsatay, deb qaytdim. Mening uyim o‘sha yerda quriladi, Quddus qaytadan qurilishi uchun o‘lchanadi. Sarvari Olamning kalomi shudir. Farishta yana shunday so‘zlarni e’lon qilishimni buyurdi: Sarvari Olam demoqda: — Mening shaharlarimda yana to‘kin–sochinlik bo‘ladi. Men Quddus aholisini yana bir bor yupataman, Sionni, O‘z shahrim, deb yana aytaman. Men tepaga qarab, to‘rtta shox ko‘rdim. Men bilan gaplashgan farishtadan: — Bular nima? — deb so‘radim. U menga dedi: — Bu shoxlar Yahudo, Isroil va Quddus xalqlarini sochib tashlagan hukmdorlarni bildiradi. Shundan keyin Egamiz menga to‘rtta temirchini ko‘rsatdi. Men yana: — Bu temirchilar nima qilgani kelishyapti? — deb so‘radim. U shunday deb javob berdi: — Boshqa hech kim bosh ko‘tarmasin, deb to‘rtta shox Yahudo xalqini sochib tashlagandi. Endi temirchilar o‘sha shoxlarni qo‘rquvga solishga kelishyapti. O‘zga xalqlar Yahudo yurtini o‘z shoxlari bilan suzgandi. Yurtning xalqini sochib yuborgandi. Endi temirchilar mana shu xalqlarning shoxlarini kesib tashlash uchun kelishyapti. Men yana tepaga qarab, qo‘lida tanobi bor bir kishini ko‘rdim. Undan: — Qayerga ketyapsiz? — deb so‘radim. U menga: — Quddusni o‘lchashga, eni va uzunligi qancha chiqarkan, shuni ko‘rishga ketyapman, — deb javob berdi. Shundan keyin men bilan gaplashgan farishta ketayotgan edi, yana bir farishta unga peshvoz chiqib, [4-5] shunday dedi: — Yugur, borib o‘sha yigitga ayt: “ Egamiz aytmoqda: — Odam va mol–qo‘y ko‘pligidan Quddus devorsiz bo‘ladi. Uning atrofida Men O‘zim olov devorday bo‘laman. O‘zim shahar ichidagi ulug‘vorlik bo‘laman.” *** “Qani, turinglar! Shimol yurtidan qochinglar, — demoqda Egamiz. — Men sizlarni yerning to‘rt tarafiga sochib tashlagan bo‘lsam ham turinglar, — aytmoqda Egamiz. — Ey, go‘zal Bobilda yashaydiganlar, Quddusga qochinglar.” Ey Quddus! “Menga shuhrat keltirsin”, deya Sarvari Olam sizlarni xarob qilgan xalqlarga meni yubordi. U shunday aytmoqda: “Sizlarga tekkanlar xuddi Mening ko‘z qorachig‘imga tekkanday bo‘ladi. Qarab turinglar, Men O‘zim ularga qarshi chiqaman. O‘z qullari ularni talon–taroj qiladilar.” Ha, ana o‘shanda Sarvari Olam meni yuborganligini anglab yetasiz. Egamizning kalomi shudir: “Qo‘shiq kuylab, xursand bo‘lgin, ey Quddus xalqi! Men kelib sizlarning orangizda yashayman. O‘sha kuni ko‘p xalqlar Menga qo‘shilib, Mening xalqim bo‘ladilar. Men sizlarning orangizda yashayman.” Ha, ana o‘shanda Sarvari Olam meni yuborganligini anglab yetasiz. Egamiz muqaddas yurtda Yahudoni o‘z mulki qilib oladi, yana Quddusni “O‘z shahrim”, deb aytadi. Ey odamzod, Egamiz oldida sukut saqla. Mana, U O‘z muqaddas maskanida o‘rnidan turdi. Keyin farishta menga Egamizning farishtasi oldida oliy ruhoniy Yoshua turganini ko‘rsatdi. Yoshuaning o‘ng tomonida esa shayton uni ayblab turgan edi. Egamiz shaytonga shunday dedi: — Ey, shayton! Gaplaringning hammasi yolg‘on! Men Quddusni tanlagan Egangman. Men senga aytaman, gaplaring yolg‘on! Axir, bu kishi alangadan qutqarilgan bir o‘tin parchasiday emasmi?! Farishtaning oldida turgan Yoshua kir kiyimlarda edi. Farishta atrofida turganlarga: — Uning kir kiyimlarini yechinglar, — dedi. Yoshuaga esa: — Mana, qara, Men sening gunohlaringni olib tashladim, — dedi. — Endi senga toza, bayramlarda kiyadigan yangi kiyimlarni kiydiraman. Keyin men: — Uning boshiga toza salla kiydiringlar, — dedim. Uning boshiga toza salla, ustiga esa yangi kiyim kiydirishdi. Egamizning farishtasi uning yonida turar edi. Keyin Egamizning farishtasi Yoshuani ogohlantirib, shunday dedi: “ Sarvari Olam shunday aytmoqda: — Agar sen Mening yo‘llarimdan yurib, Mening talablarimni bajarsang, Mening uyimda, Ma’badim hovlilarida bosh bo‘lasan. Senga shu yerda turganlar orasidan joy beraman. Ey oliy ruhoniy Yoshua, quloq sol! Oldingda turgan ruhoniylar ham quloq solishsin. Sizlar kelajakda sodir bo‘ladigan voqealarning ramzisizlar. Men ismi “Novda” bo‘lgan xizmatkorimni zohir qilaman. Men Yoshuaning oldiga bir tosh qo‘ydim. Mening yetti ko‘zim o‘sha toshga qadalgan. Bu toshning ustiga Men yozuv yozaman, — demoqda Sarvari Olam. — Mana shu yurtning gunohini bir kunda olib tashlayman. O‘sha kuni sizlar qo‘ni–qo‘shnilaringizni chaqirib, o‘z uzumzorlaringizda va anjir daraxtlaringiz tagida o‘tirasizlar. Sarvari Olamning kalomi shudir.” Men bilan gaplashgan farishta qaytib kelib, xuddi meni uyqudan uyg‘otganday qilib turg‘izdi. U mendan: — Nima ko‘ryapsan? — deb so‘radi. Men shunday javob berdim: — Tilladan yasalgan bir chiroqpoyani ko‘ryapman, uning ustida moy uchun bir tovoq turibdi. Chiroqpoyada esa yettita chiroq turibdi. U chiroqlarning har birida yettita jo‘mrak bor. Chiroqpoyaning oldida ikkita zaytun daraxti bor. Bu daraxtlarning biri chiroqpoyaning o‘ng tomonida, ikkinchisi esa chap tomonida turibdi. Men bilan gaplashgan farishtadan so‘radim: — Bular nima, ey to‘ram? U mendan: — Nimaligini bilmaysanmi? — deb so‘radi. Men: — Yo‘q, to‘ram, — deb javob berdim. U menga shunday dedi: — Quyidagilar Egamizning Zarubabelga bergan so‘zlaridir: “Qudrat bilan emas, kuch bilan emas, Mening Ruhim ila ishlaring yurishadi, — deydi Sarvari Olam. — Ey, baland tog‘, sen nima bo‘libsan?! Zarubabel oldida sen tekislik bo‘lasan. Zarubabel Mening uyimni qayta quradi, uning eng oxirgi toshini qo‘yadi. Shundan keyin butun xalq: ‘Go‘zal! Go‘zal!’ deb hayqiradi.” Yana Egamiz menga quyidagi so‘zini ayon qildi: “Zarubabel o‘z qo‘llari bilan uyimning poydevorini yotqizdi. Qurilishni ham o‘zi tugatadi. Ana shunda Men, Sarvari Olam seni yuborganimni xalq anglab yetadi. Qurilishning boshlanishi arzimasday ko‘rinsa ham, ko‘nglingiz cho‘kmasin! Zero, Mening ko‘zlarim — Egangizning yetti ko‘zi Zarubabelning qo‘lidagi yozuv o‘yilgan toshga xursandchilik bilan qaraydi.” Shunda Farishta menga dedi: — Sen ko‘rgan yettita chiroq butun yer yuziga qarab turuvchi Egamizning yettita ko‘zidir. [11-12] Men farishtadan so‘radim: — Chiroqpoyaning o‘ng va chap tomonida turgan zaytun daraxtlarining ma’nosi nima? Oltin novlari orqali tillasimon moy oqayotgan zaytun daraxtlarining ikki shoxlari nimani bildiradi? *** U mendan: — Bilmaysanmi? — deb so‘radi. Men: — Yo‘q, to‘ram, — deb javob berdim. U shunday dedi: — Bular boshiga moy surtib tanlangan, butun olamning Rabbiysi oldida xizmat qiladigan ikki zotdir. Men yana tepaga qarab, uchayotgan o‘rama bir qog‘ozni ko‘rdim. Farishta mendan: — Nima ko‘ryapsan? — deb so‘radi. Men: — Uchib ketayotgan o‘rama bir qog‘ozni ko‘ryapman, uning uzunligi yigirma tirsak, eni esa o‘n tirsak, — deb javob berdim. Shunda u menga dedi: — Bu qog‘ozga butun yurt ustiga keladigan la’nat yozilgan. O‘g‘irlik qilganlar bir tomondagi yozuvga ko‘ra, yolg‘on qasam ichganlar esa ikkinchi tomondagi yozuvga ko‘ra, yurtdan yo‘q qilinadi. Sarvari Olam aytmoqda: “Bu la’natni Men yubordim, u o‘g‘rining uyiga kiradi. Kim Mening nomim bilan yolg‘on qasam ichsa, o‘shaning uyiga kiradi. La’nat o‘sha uyda bo‘lib, uni tosh va sinchlariga qo‘shib, butunlay vayron qiladi.” Men bilan gaplashgan farishta kelib, menga shunday dedi: — Qara–chi, kelayotgan narsa nima ekan. Men: — U nima? — deb so‘radim. Farishta: — Bu kelayotgan narsa savatdir, — deb javob berdi. — Butun yurtning ko‘zi undadir. Qo‘rg‘oshindan yasalgan qopqoq ochildi, savatning ichida esa bir ayol o‘tirgan ekan. Farishta: — Bu ayol fosiqlikdir, — dedi. Shunday deb, u ayolni qaytarib savatga tiqib qo‘ydi–da, qopqog‘ini yopdi. Men yana tepaga qarab, ikkita ayol uchib kelayotganini ko‘rdim. Qanotlari shamolda yoyilib uchib kelayotgan edi. Ularning qanotlari turnaning qanotlariga o‘xshar edi. Ular kelib o‘sha savatni oldilar–da, osmonga ko‘tarib olib ketdilar. Men bilan gaplashayotgan farishtadan so‘radim: — Ular savatni qayerga olib ketishyapti? U menga: — Bobil yurtiga olib ketishyapti, — deb javob berdi. — O‘sha yerda unga sajdagoh qurishadi. Sajdagoh tayyor bo‘lgandan keyin, savatni o‘sha yerda o‘z joyiga qo‘yishadi. Men yana tepaga qarab, ikkita bronza tog‘ orasidan chiqib kelayotgan to‘rtta aravani ko‘rdim. Birinchi aravani qizil, ikkinchi aravani esa qora otlar, uchinchi aravani oq, to‘rtinchi aravani esa ola–bula otlar tortib kelayotgan edilar. Bu otlarning hammasi kuchli edi. Men bilan gaplashayotgan farishtadan: — Ey, to‘ram, bular nima? — deb so‘radim. Farishta shunday javob berdi: — Bular butun olam Rabbiysining huzuridan chiqib kelayotgan to‘rtta samoviy ruhdir. Qora otli arava shimolga boradi. Oq otlisi esa uning orqasidan ketadi. Ola–bula otli arava janubga boradi. Ana shu kuchli otlar chiqdilar. Keyin ular borib, yerni aylanib kelishga shoshildilar. Farishta ularga: — Boringlar, yerni ko‘rib chiqinglar, — dedi. Shunda ular borib, aylanib kelishdi. Keyin farishta meni chaqirib, shunday dedi: — Mana, qara! Otlar shimoliy yurtga borib, u yerda Egamizning Ruhiga tinchlik berishdi. Egamiz menga quyidagi so‘zlarni ayon qildi: — Bobildagi surgundan qaytib kelgan Xalday, Toviyo va Yodayodan tilla va kumush ol. O‘sha kuniyoq Zafaniyo o‘g‘li Yo‘shiyoning uyiga bor. Berilgan kumush va oltindan toj yasagin. Uni Yohuzadax o‘g‘li — oliy ruhoniy Yoshuaning boshiga kiygizgin–da, unga shunday degin: “ Sarvari Olam shunday demoqda: ‘Novda degan odam o‘z turgan joyidan shoxlaydi–da, Mening Ma’badimni quradi. Mening Ma’badimni quradigan o‘shadir. U shohona ulug‘vorlikka ega bo‘lib, hukmronlik qiladi. Taxtining oldida ruhoniy turadi. Ikkalasi orasida tinchlik, osoyishtalik bo‘ladi. Bu toj Xalday, Toviyo, Yodayo va Zafaniyo o‘g‘li Yo‘shiyoning qaramog‘ida bo‘ladi. U Mening Ma’badimda yodgorlik bo‘lib qoladi. Uzoq joylardan odamlar kelib, Mening Ma’badimni qurishga yordam berishadi.’” Ey surgundan qaytib kelganlar, shunda Sarvari Olam meni yuborganini sizlar anglab yetasizlar. Agar sizlar Egangiz Xudoning so‘zlariga yaxshilab quloq solsangizlar, mana shularning hammasi sodir bo‘ladi. Shoh Doro hukmronligining to‘rtinchi yili, to‘qqizinchi oyi edi. Mana shu Xislav oyining to‘rtinchi kunida Egamiz O‘z so‘zini Zakariyoga ayon qildi. Bundan oldin Baytil aholisi Egamizdan iltifot so‘rash uchun Sarizar, Raxemmalek va ularning odamlarini Ma’badga yuborib, shunday degan edi: — Borib, Sarvari Olamning uyida bo‘lgan ruhoniy va payg‘ambarlardan so‘ranglar: “Biz ancha yillardan beri Egamizning uyi vayron qilingan oyda qayg‘urib, ro‘za tutib kelamiz. Shunday qilishda davom etaveraylikmi?” Sarvari Olam Zakariyoga ayon qilgan so‘zida shunday dedi: — Bu yurtdagi barcha odamlarga va ruhoniylarga ayt: “Ha, sizlar mana shu o‘tgan yetmish yil davomida beshinchi va yettinchi oylarda ro‘za tutib, qayg‘urdingizlar. Ammo buni Men uchun emas, o‘zingiz uchun qilgan edingizlar! Qorningizni to‘ydirish uchun yeb–ichganingizday, o‘z manfaatingiz uchun ro‘za tutib qayg‘urgansizlar. Men o‘tgan payg‘ambarlar orqali ham sizlarni shu haqda ogohlantirganman–ku! O‘sha paytlarda Quddus va uning atrofidagi qishloqlar odamga to‘la edi. U yerda farovonlik hukm surar edi. Nagav cho‘li va Yahudo qir etaklarida ham odamlar yashardilar.” Egamiz Zakariyoga quyidagi so‘zlarni ayon qildi: — Men, Sarvari Olam shunday degan edim: “Adolatli hukm qilinglar. Bir–biringizga mehribon bo‘linglar, rahm–shafqat qilinglar. Bevalarga, yetimlarga, musofirlarga, kambag‘allarga zulm qilmanglar. Bir–biringizga qarshi yovuz rejalar tuzmanglar.” Ammo xalqim quloq solishdan bosh tortdi. O‘jarlik qilib, eshitmaslik uchun quloqlarini berkitdilar. Men, Sarvari Olam, O‘z Ruhim bilan payg‘ambarlar orqali so‘zlarimni ayon qilganman. Ammo xalqim yuragini tosh qilib, qonun va o‘gitlarga quloq solmadi. Shuning uchun Men juda qattiq g‘azablandim. “Men chaqirganimda ular eshitmagandek, ular chaqirganda Men ham eshitmadim, — deydi Sarvari Olam. — Men ularni o‘zlari tanimagan, bilmagan xalqlar orasiga sochib tashladim. Shunday qilib, ularning yurti vayron bo‘ldi. Na u yerga birov boradi, na u yerdan birov keladi. O‘sha ajoyib yurt vayron bo‘ldi.” Sarvari Olam menga O‘z so‘zini ayon qildi. Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Men Quddusni juda qattiq rashk qilaman. Unga bo‘lgan rashkim alangaday yonmoqda.” Egamizning kalomi shudir: “Men Quddusga qaytaman, Sion Mening maskanim bo‘ladi. Shunda Quddus, sadoqatli shahar, deb ataladi. Mening tog‘im — Sarvari Olamning tog‘i muqaddas tog‘, deb ataladi.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Cholu kampirlar yana Quddus ko‘chalarida o‘tiradilar. Yoshi ulug‘ bo‘lgani uchun ularning qo‘llarida hassalari bo‘ladi. Shaharning ko‘chalari o‘ynayotgan bolalar bilan to‘ladi.” Sarvari Olamning kalomi shudir: “Balki bularning hammasi xalqimdan qolganlariga imkonsizday tuyular. Ammo bu ishlar Men uchun imkonsiz emas”, demoqda Sarvari Olam. Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Men sharq va g‘arbda sarson bo‘lgan O‘z xalqimni qutqaraman. Ularni yana Quddusda yashash uchun olib kelaman. Ular Mening xalqim bo‘ladi, Men esa ularning Xudosi bo‘laman. Ularning ustidan sadoqat va odillik bilan hukm suraman.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Dovyurak bo‘linglar, endi sizlar payg‘ambarlarning so‘zlarini eshityapsizlar. Ma’bad — Mening uyim qayta qurilishi uchun poydevor qo‘yilayotganda o‘sha payg‘ambarlar shu yerda edilar. Ha, o‘sha kunlardan ilgari odamlarga ish haqi berilmasdi, hayvonlardan ham hech bir foyda kelmasdi. Dushmanlar xalqqa tinchlik bermasdi. Men hammani bir–biriga qarshi qilib qo‘ygan edim. Ammo endi, ey, xalqimning qolganlari, sizlar bilan Men oldingiday munosabatda bo‘lmayman, — demoqda Sarvari Olam. — Sizlar tinchlikda urug‘laringizni ekasizlar. Toklaringiz serhosil bo‘ladi. Yer hosil beradi, osmondan shudring tushadi. Sizlarni Men mana shular bilan barakalayman. Ey Yahudo va Isroil xalqi, sizlar boshqa xalqlar orasida la’natlangan xalqning ramzi edingizlar. Endi bunday bo‘lmaydi! Men sizlarni qutqaraman. Sizlar baraka ramzi va manbayi bo‘lasizlar. Qo‘rqmanglar! Dadil bo‘linglar!” Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Ota–bobolaringiz Mening jahlimni chiqarganda boshlariga ofat keltiraman, degandim. O‘z fikrimdan qaytmadim, — demoqda Sarvari Olam. — Qo‘rqmanglar. Ey Quddus va Yahudo xalqi, endi Men, sizlarga yaxshilik keltiraman, deb qaror qildim. Quyidagi aytganlarimni qilishingiz kerak: Bir–biringizga haqiqatni gapiring. Hukm qilganingizda odil qaror chiqarib, tinchlik o‘rnating. Bir–biringizga qarshi yovuz rejalar tuzmanglar, yolg‘on qasam ichmanglar. Men bulardan nafratlanaman.” Sarvari Olamning kalomi shudir. Sarvari Olam menga O‘z so‘zini ayon qildi. Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Ey Yahudo xalqi, to‘rtinchi, beshinchi, yettinchi va o‘ninchi oylar endi azayu ro‘za vaqti emas, balki sizlar uchun shodu xurramlik va quvnoq bayram davri bo‘ladi. Sizlar haqiqat va tinchlikni sevinglar.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Hali boshqa shaharlarda yashaydigan odamlar ham Quddusga keladi. Bir shaharning aholisi ikkinchi shaharda yashovchilarning oldiga borib: ‘Biz ketyapmiz, yuringlar, Egamizdan marhamat so‘raylik, Sarvari Olamga sajda qilaylik’, deb aytadi.” Ko‘p ellar va kuchli xalqlar Quddusga, Sarvari Olamdan mehr–shafqat so‘rashga va Unga sajda qilishga keladilar. Sarvari Olamning kalomi shudir: “O‘sha kunlarda turli tillarda gapiruvchi xalqlardan kelgan o‘n kishi bir yahudiyni ushlab oladi. Uning kiyimidan mahkam tutadi–da, unga: ‘Biz sen bilan boraylik. Axir, biz Xudo sizlar bilan ekanligini eshitdik’, deb aytishadi.” Bashorat. Egamizning so‘zi Xadrax yurtiga qarshidir. Damashq shahriga qaratilgandir. Barcha Isroil qabilalarining hamda insoniyatning ko‘zlari Egamizdadir. Xadraxga chegaradosh bo‘lgan Xomat ham, Donolarga to‘la bo‘lgan Tir va Sidon ham Egamizga ko‘z tikkan. Tir shahri o‘ziga qal’a qurib olgan, Shunchalik ko‘p kumush va oltin yiqqanki, Ular ko‘chadagi chang va loydaydir. Lekin endi Egamiz ularning mulkini olib qo‘yadi, Boyliklarini dengizga uloqtiradi. Shaharning o‘zi esa olovga yem bo‘ladi. Ashqalon shahri buni ko‘rib, qo‘rquvga tushadi, G‘azo ham dahshatga tushib qaltiraydi, Umidi puchga chiqqan Exron ham shu ahvolga tushadi. G‘azoning shohi halok bo‘ladi, Ashqalonda esa hech bir zot qolmaydi. Egamiz shunday deydi: “Ashdodda duragay xalqlar yashaydi. Ha, Men Filistlarning takabburligiga chek qo‘yaman. Men Filistlarning og‘zidan qonli go‘shtni, Tishlaridagi harom ovqatlarni olib tashlayman. Filistlarning tirik qolganlari Menga tegishli bo‘ladi, Ular Yahudoning avlodiday bo‘lib qoladi. Exron ham Yobus xalqiday O‘z xalqimning bir qismi bo‘ladi. Bosqinchilardan asray, deb Men O‘zim uyimni qo‘riqlayman. Xalqimning yurtini hech kim bosib ololmas, Ha, Men hammasini ko‘rib turibman. Xursand bo‘lib, quvoning, Ey Quddus xalqi! Shodlik–la hayqiring, Ey Sion xalqi! Mana shohingiz kelyapti. U zafar qozongan g‘olibdir. Shunga qaramay, Kamtarindir shohingiz, U eshakning ustida, Ha, eshakning bolasini — ho‘tikni minib kelyapti. Men Efrayimning jang aravalarini yo‘qotaman, Quddusning jang otlarini olib qo‘yaman. Urush kamonlari ham yo‘q qilinadi, Shohingiz xalqlarga tinchlik keltiradi. Men bir dengizdan ikkinchisiga qadar, Furot daryosidan tortib, Yer yuzining to‘rt tomoniga hukmronlik qilaman. Men sizlar bilan qilgan, qurbonlik qoni bilan mustahkamlangan ahdim tufayli, Asirlaringizni suvsiz chuqurlikdan ozod qilaman. Ey umidvor asirlar, O‘z qal’angizga qayting. Bugun Men aytyapman, Yo‘qotganlaringizni ikki barobar qilib tiklayman. Men Yahudoni O‘z kamonimdek qayirdim, Efrayimni esa kamonim o‘qi qildim. Ey Quddus, Men sening o‘g‘illaringni Yunon o‘g‘illariga qarshi qo‘zg‘ataman. Mening qo‘limda jangchining qilichiday o‘ynaysan.” Shundan keyin Egamiz O‘z xalqi uzra zohir bo‘ladi, Uning o‘qi yashinday otiladi. Egamiz Rabbiy burg‘uni chalib, Janubdan kelgan quyunlar orasida hujum qiladi. Sarvari Olam O‘z xalqini himoya qiladi, Ular dushmanlarini qirib, Palaxmonlarini ezib tashlashadi. Ha, Uning xalqi sharobdan mast bo‘lganday jangda o‘kiradi. Ular tog‘oracha singari, Qurbongohning to‘rt burchagi kabi Qonga to‘la bo‘ladi. O‘sha kuni ularning Egasi — Xudo O‘z xalqini qutqaradi. Axir, ular Egamizning suruvidir. Egamizning yurtida ular Toj gavharlariday porlaydilar. Uning xalqi qanday go‘zal va ajoyib! Yangi sharobu donlar Yigit–qizlarni baquvvat qilar. Bahorda yomg‘ir beradigan Egamizdan yomg‘ir so‘ranglar. Bo‘ron bulutlarini yaratgan, Odamzodga yomg‘ir beradigan, Hamma uchun dalalarni O‘t–o‘langa to‘ldiradigan Egamizdir. Xonaki sanamlar behuda gaplarni gapiradilar, Folbinlar yolg‘on follar ochadilar. Tush ta’bir qiluvchilar yolg‘on ta’bir qiladilar, Foydasiz tasallilar beradilar. Shuning uchun bu xalq qo‘yday sarson bo‘lib yuribdi, Cho‘poni yo‘qligi uchun azob chekyapti. Egamiz shunday deydi: “G‘azabim xalqimning yo‘lboshchilariga qarshi yonyapti, Men xalqimning bu cho‘ponlarini jazolayman. Men, Sarvari Olam O‘z suruvim bo‘lgan Yahudo xalqi uchun qayg‘uraman. Men o‘sha suruvni ulug‘vor jang otlariday qilaman. Yahudo orasidan tamal toshi, Chodir qozig‘i, jang kamoni chiqadi. Ha, har bir yetakchi ularning orasidan chiqadi. Birgalikda ular jang payti ko‘chada loy kechgan Jangchilarday bo‘ladilar, Men, Egangiz ular bilan birgaman. Ular urushga chiqib, Dushman chavandozlarini sharmanda qiladilar. Men Yahudo xalqini kuchga to‘ldiraman, Yusufning avlodini qutqaraman. Ularga rahm–shafqat ko‘rsataman, Axir, Men ularning Egasi Xudoman. Ularning iltijolariga javob berib, O‘z yurtiga qaytarib olib kelaman. O‘shanda ular hech qachon rad qilinmaganday bo‘ladi. Efrayim xalqi qudratli jangchilarday bo‘ladi, Ularning yuraklari sharob ichgandagi singari quvnoq bo‘ladi. Buni ko‘rgan farzandlari shodlanadi, Ular Mening qilgan ishlarimdan xursand bo‘ladi. Men xalqimni alomat ila chaqirib, yig‘aman, Axir, Men ularni qutqarganman. Oldin ular qancha bo‘lgan bo‘lsalar, Ularning soni yana shuncha bo‘ladi. Men ularni xalqlarning orasiga sochib yuborgan bo‘lsam ham, Eng uzoqdagi yurtlarda ham ular Meni eslaydilar. Farzandlariyu o‘zlari omon qolib, qaytib kelishadi. Men xalqimni Misr yurtidan qaytaraman, Ossuriya yeridan yig‘ib kelaman. Men ularni Gilad va Lubnon yurtigacha bo‘lgan yerlarga joylashtiraman. Hatto mana shu joylar ham ularga torlik qiladi. Mening xalqim kulfat dengizidan o‘tsa, O‘sha dengizning to‘lqinlarini urib tushiraman. Nil daryosining tubi qurib qoladi. Ossuriya xalqining takabburligiga barham beraman. Misr esa o‘z saltanat hassasini yo‘qotadi. O‘z qudratim bilan xalqimni kuchli qilaman. Ular Mening nomimga loyiq hayot kechiradilar.” Egamizning kalomi shudir. Ey, Lubnon, och darvozalaringni! Sadr daraxtlaringni olov yondirib tashlasin. Ey, sarv daraxti, dod solib, yig‘lagin, Axir, sadr daraxtlari quladi. O‘sha ulug‘vor daraxtlar vayron bo‘ldi. Bashan yurti emanlari, dod solib, yig‘lang, Qalin–qalin o‘rmonlarning daraxtlari Kesib tashlandi axir. Ana, eshiting! Cho‘ponlarning yig‘isin, Axir, ko‘m–ko‘k yaylovlar nobud bo‘ldi. Quloq soling sherlarning o‘kirishiga, Axir, Iordan butazorlari nobud bo‘ldi. Egam Xudo menga shunday dedi: — Bo‘g‘izlanishga olib ketilayotgan qo‘y suruviga cho‘ponlik qilgin. Qo‘ylarni sotib olganlar ularni o‘ldirib, jazosiz yuribdilar. Qo‘ylarni sotganlar esa: “Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! Biz boymiz”, deydilar. Qo‘ylarga hatto o‘z cho‘ponlarining ham rahmi kelmaydi. Men, Egangiz shunday aytmoqdaman: “Endi Yahudo yurtidagi odamlarga rahm qilmayman. Men ularni bir–birining qo‘liga va hukmdorlarining qo‘liga topshiraman. Hukmdorlari yurtni vayron qiladi. Men esa hech kimni bu hukmdorlarning qo‘lidan qutqarmayman.” Shunday qilib, men bo‘g‘izlanishga olib ketilayotgan qo‘y suruviga cho‘pon bo‘ldim. Men ikkita tayoq oldim. Ulardan birini “Iltifot”, ikkinchisini esa “Ahillik”, deb atab, qo‘ylarni boqdim. Bir oy ichida ularning uchta cho‘ponini haydab yubordim. Ammo suruvga bo‘lgan sabr–toqatim ham tugadi, ular ham meni yomon ko‘rar edilar. Shundan keyin men suruvga: — Endi sizlarning cho‘poningiz bo‘lmayman, — dedim. — O‘ladigani o‘lsin, halok bo‘ladigani halok bo‘lsin, qolganlari esa bir–birining go‘shtini yesin. Men “Iltifot” nomli tayog‘imni oldim–da, uni sindirib tashladim. Shu orqali Egamizning butun Isroil xalqi bilan qilgan ahdini bekor qildim. Shunday qilib, o‘sha kuni bu ahd bekor bo‘ldi. Meni kuzatib turgan, qattiq zulm ko‘rgan suruv bu ish Egamizning so‘zi ekanligini tushundilar. Keyin men ularga shunday dedim: — Agar sizlar ish haqimni berishni lozim ko‘rsangiz beringlar, bo‘lmasa bermay qo‘yaveringlar. Shunda ular menga bor–yo‘g‘i o‘ttiz kumush tanga berdilar. Shundan keyin Egamiz menga: — Bu kumushni kulolga bergin, — dedi. Meni baholab, berilgan bu arzimas kumush tangalarni olib, Egamiz uyidagi kulolga berdim. Keyin “Ahillik”, deb atalgan ikkinchi tayog‘imni sindirdim. Shunday qilib, Yahudo va Isroil orasidagi birodarlikni bekor qildim. Shundan keyin Egamiz menga aytdi: “Bor, yana bir marta cho‘ponlik qilgin. Ammo bu safar foydasiz cho‘ponday bo‘lgin. Ha, men bu yurtga shunday bir cho‘pon beramanki, u halok bo‘layotganlarga qaramaydi. Yo‘qolganlarni izlamaydi, yaradorlarga shifo bermaydi, sog‘ bo‘lganlarni oziqlantirmaydi. Semiz qo‘ylarni so‘yib yeydi, tuyoqlarini ham kesib tashlaydi. Ey suruvni tark etadigan qadrsiz cho‘ponim, Holingga voy! Qilich sening qo‘lingni chopib, O‘ng ko‘zingni chiqarib tashlasin! Sening qo‘ling butunlay qurib qolsin, O‘ng ko‘zing esa ko‘r bo‘lsin.” Bashorat. Egamizning Isroil haqida aytgan gaplari. Zamin poydevorini qo‘ygan, falaklarni yoygan, insonga jon ato qilgan Egamiz shunday demoqda: “Qarab turinglar, Men Quddusni sharob qadahiday qilib qo‘yaman. U o‘zining atrofidagi xalqlarni gandiraklatadigan bo‘ladi. Quddusni qamalga olishganda, Yahudo yurtining qolgan boshqa joylari ham qamalda qoladi. O‘sha kuni Men Quddusni boshqa xalqlar uchun og‘ir toshday qilib qo‘yaman. Uni ko‘targanlarning hammasi o‘zlariga zarar keltiradilar. Butun yer yuzidagi xalqlar unga qarshi chiqish uchun birlashadilar. O‘sha kuni, Men har bir otni dahshatga solaman, ularning chavandozlarini esa jinni qilib qo‘yaman, — demoqda Egamiz. — Yahudo xalqiga esa O‘zim g‘amxo‘rlik qilaman. Dushmanlarining otlarini ko‘r qilib qo‘yaman. Shunda Yahudo urug‘lari o‘zlariga: — Quddus aholisining qudrat manbayi bizning Xudoyimiz, Sarvari Olamdir, — deydilar. O‘sha kuni Men Yahudo urug‘larini o‘tin orasidagi qizib turgan cho‘g‘day, bug‘doy bog‘lamlari orasidagi mash’aladay qilaman. Ular o‘ngu so‘ldagi, atrofidagi xalqlarni yamlab yutadilar. Quddusdagi odamlar esa osoyishta hayot kechiradilar. Men, Egangiz avval Yahudo xalqiga g‘alaba beraman. Dovud avlodining va Quddus aholisining shuhrati Yahudoning shuhratidan o‘tmasligi uchun shunday qilaman. O‘sha kuni Men Quddus aholisini himoya qilaman. Ularning orasidagi eng ojizi ham Dovudday kuchli bo‘ladi. Dovud avlodi esa Mening farishtamday, xuddi O‘zimday ularni boshlab boradi. Mening rejam o‘sha kuni Quddusga qarshi chiqqan barcha xalqlarni halok qilishdir. Men Dovud avlodiga, Quddus aholisiga mehr–shafqat va ibodat ruhini yog‘diraman. Ular Menga — o‘zlari nayza sanchiganga qarashadi. Yolg‘iz farzandga aza tutganday, aza tutishadi. To‘ng‘ich farzand uchun motam tutganday motam tutishadi. O‘sha kuni Quddusdagi dod–faryod Maxido‘ vodiysida Hadad–Rimmon uchun tutilgan azaday katta bo‘ladi. Butun yurt aza tutadi. Har bir oila alohida aza tutadi: Dovud avlodining oilalari alohida, ularning xotinlari alohida, Natan avlodining oilalari alohida, ularning xotinlari alohida, Leviy avlodining oilalari alohida, ularning xotinlari alohida, Shimax avlodining oilasi va ularning xotinlari alohida aza tutadilar. Qolgan oilalar ham o‘zlari alohida aza tutadilar. Ularning xotinlari ham alohida aza tutadilar.” [1-2] Sarvari Olam shunday aytmoqda: “O‘sha kuni Dovud avlodi va Quddus aholisi uchun bir favvora ochiladi. Bu favvora ularning barcha gunohlari va nopokliklarini tozalaydi. O‘sha kuni Men bu yurtdan barcha butlarni yo‘q qilaman. Hatto ularning nomlari ham unutiladi. Men bu yurtdan yana soxta payg‘ambarlarni va ularni ilhomlantiradigan nopok ruhni olib tashlayman. *** Agar yana soxta payg‘ambar chiqsa, o‘z ota–onasi unga shunday deydi: — Sen endi yashamaysan, chunki sen Egamiz nomidan yolg‘on gaplarni gapiryapsan. O‘sha payg‘ambar yana bashorat qilganda o‘z tuqqan ota–onasi uni nayza sanchib o‘ldiradi. O‘sha kuni payg‘ambarlarning har biri o‘zlarining bashoratlaridan uyatga qoladilar. Ular endi xalqni aldab payg‘ambarlarning junli kiyimlarini kiymaydilar. Endi ular: — Men payg‘ambar emasman, men yerga ishlov beraman. Yoshligimdan bir kishining xizmatidaman, — deydilar. Agar birortasi ulardan: — Ko‘kragingizdagi yaralar qayerdan kelgan? — deb so‘rasa, ularning javobi quyidagicha bo‘ladi: — Men bu yaralarni do‘stlarimning uyida orttirdim.” Sarvari Olam shunday demoqda: “Qani, qo‘zg‘algin, ey qilich! Menga yaqin bo‘lganga, Mening O‘z cho‘ponimga qarshi chiq. Cho‘ponga hamla qilgin, Shunda qo‘ylar har yoqqa sochilib ketadi, Men qo‘zichoqlarga qarshi qo‘limni ko‘taraman. Butun yurtda xalqning uchdan ikki qismi halok bo‘ladi, — deb aytmoqda Egamiz. — Uchdan bir qismi esa tirik qoladi. Men mana shu qolgan uchdan bir qismini Olovdan o‘tkazganday qilaman. Ularni kumushni toblaganday toblayman, Oltinni sinaganday sinayman. Ular Menga iltijo qiladilar, Men esa ularga javob beraman. ‘Ular Mening xalqimdir’, deyman Men. Ular esa: ‘Egamiz bizning Xudomizdir’, deb aytishadi.” Egamizning kuniga oz qoldi. Ey Quddus ahli, o‘sha kuni mulkingiz ko‘z oldingizda talon–taroj qilinadi. Egamiz barcha xalqlarni Quddusga qarshi jang qilishga yig‘adi. Dushmanlar shaharni qo‘lga kiritishadi. Uylarni talab ketishadi, ayollarni zo‘rlashadi. Shahar aholisining yarmi surgunga ketadi. Qolganlari esa shahardan haydalmaydi. Shundan keyin Egamiz urush payti jang qilganday, o‘sha xalqlarga qarshi jang qiladi. O‘sha kuni U Quddus shahrining sharqida bo‘lgan Zaytun tog‘ining ustida turadi. Shu kuni Zaytun tog‘i ikkiga ajraladi. Tog‘ orasidan sharqdan g‘arbga qarab ketgan keng bir vodiy o‘tadi. Shunda tog‘ning bir tarafi shimolga, ikkinchi tarafi esa janubga suriladi. Sizlar Egamiz tog‘ining vodiysi orqali qochasizlar. Tog‘larning orasidagi bu vodiy Oziyolgacha cho‘ziladi. Sizlar Yahudo shohi Uziyo davrida bo‘lgan zilzila paytida qochganday qochasizlar. Shunda Egamiz Xudo keladi. U bilan birga Uning farishtalari ham keladi. O‘sha kuni nur bo‘lmaydi. Barcha yorug‘lik manbalari so‘nadi. Ammo kun davom etaveradi. Shunda kun ham, tun ham bo‘lmaydi. Kech kirganda ham yorug‘ bo‘lib turaveradi. Bu qachon sodir bo‘lishini faqatgina Egamiz biladi. O‘sha kuni Quddusdan hayotbaxsh suvlar oqib chiqadi, uning yarmi O‘lik dengizga, qolgan yarmi esa O‘rta yer dengiziga quyiladi. Suv yozda ham, qishda ham oqaveradi. Egamiz esa butun yer yuzining Shohi bo‘ladi. O‘sha kuni barcha xalqlar faqatgina Uni Egamiz, deb biladi va faqat Unga sajda qilishadi. Shimoldagi G‘ibodan Quddusning janubidagi Rimmongacha bo‘lgan joylar, butun yurt tekislikka aylanadi. Quddus esa o‘zining yuksak joyida turaveradi. Shahar Benyamin darvozasidan Eski darvozagacha, Burchak darvozasigacha, Xanonil minorasidan shohning sharob chiqariladigan joylarigacha cho‘zilgan bo‘ladi. Quddusda yana odamlar yashaydigan bo‘ladi, bundan keyin uni hech qachon vayron qilishmaydi. Quddusda tinchlik qaror topadi. Quddusga qarshi urush ochgan xalqlarning boshiga Egamiz quyidagi o‘latni yuboradi: tirik bo‘lsalar ham tanasi chirib ketadi, ko‘zlari kosasidayoq chirib ketadi, tillari esa og‘izlaridayoq chirib ketadi. O‘sha kuni Egamiz ularni benihoya dahshatga tushiradi. Hamma o‘z yonidagi odamni ushlab, bir–biriga qarshi qo‘l ko‘taradi. Hatto Yahudo xalqi ham Quddusdagi jangga qo‘shiladi. Uning atrofidagi barcha xalqlarning boyliklari — juda ko‘p tilla, kumush va kiyimlar o‘lja qilib olinadi. Yuqorida aytilgan o‘lat dushmanlarning otlari, hachirlari, tuyalari, eshaklari — ularning qarorgohidagi hamma hayvonlarga ham keladi. Quddusga qarshi urush ochganlardan tirik qolganlari esa har yili Shoh — Sarvari Olamga sajda qilishga va Chayla bayramini nishonlashga kelishadi. Agar yer yuzidagi xalqlarning birortasi Shoh — Sarvari Olamga sajda qilish uchun Quddusga kelmasa, ularning yurtida yomg‘ir yog‘maydi. Agar Misr xalqi bayramga kelishni rad etsa, Egamiz Chayla bayramiga kelishni rad etgan boshqa xalqlarning boshiga solgan o‘latni ularning boshiga ham soladi. Chayla bayramini nishonlashga chiqmagan Misr xalqi va boshqa hamma xalqlarning jazosi shu bo‘ladi. O‘sha kuni hatto otlarning bo‘yinturuqlaridagi qo‘ng‘iroqlariga ham “Egamizga bag‘ishlangan”, deb yozilgan bo‘ladi. Qurbongoh oldida ishlatiladigan tog‘orachalar muqaddasdir. Egamizning uyidagi oddiy qozonlar ham xuddi shunday muqaddas bo‘ladi. Quddus va Yahudodagi barcha qozonlar Sarvari Olamga bag‘ishlangan bo‘ladi. Shunda kim qurbonlik keltirmoqchi bo‘lsa, qurbonlik go‘shtini shu qozonlarda qaynatsa bo‘laveradi. O‘sha kuni Mening uyimda savdogarlar boshqa bo‘lmaydi. Bashorat. Malaki payg‘ambar orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi so‘zlarni ayon qildi. Egamiz shunday deydi: — Men sizlarni sevdim. Sizlar esa: “Bizga sevgingni qanday namoyon qilding?” deb so‘raysizlar. Esov Yoqubning akasi emasmidi?! — deydi Egamiz. — Shunday bo‘lsa–da, Men Yoqubni yaxshi ko‘rib, Esovdan nafratlandim. Esovga berilgan qirlarni xarob qildim, meros bo‘lgan o‘sha yerlarini chiyabo‘rilarga berdim. Bordi–yu, Edom xalqi: — Shaharlarimiz vayron bo‘ldi, ammo biz ularni tiklab olamiz, — degudek bo‘lsalar, Sarvari Olam ularga shunday javob beradi: — Shaharlarini tiklasinlar, Men esa ularni yana vayron qilaveraman. Shunda odamlar Edom haqida: “Bu yovuzlar yurti, Egamiz ulardan abadiy g‘azablangan”, deb aytadigan bo‘lishadi. Ey Isroil xalqi, buni sizlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib: “Egamizning qudrati Isroilning chegaralari bilan cheklanmas”, deb aytadigan bo‘lasiz. Sarvari Olam shunday deydi: — Ey ruhoniylar, o‘g‘il otasini hurmat qiladi–ku! Xizmatkor xo‘jayinidan qo‘rqadi–ku! Agar Men otangiz bo‘lsam, nega Meni hurmat qilmaysiz? Agar xo‘jayiningiz bo‘lsam, nega Mendan qo‘rqmaysiz? Sizlar Meni xo‘rlayapsiz. Yana: “Qanday qilib Seni xo‘rlabmiz?”, deb so‘raysiz. Sizlar qurbongohimga harom nazrlar olib kelib, Meni xo‘rlayapsiz. Yana: “Qanday qilib Seni haqorat qilibmiz?” deb so‘raysiz. Sizlar: “Egamizning dasturxonini pisand qilmasa ham bo‘ladi”, deb aytasiz. Shu orqali Meni haqoratlagan bo‘lasiz. Ko‘r molni qurbonlik qilayotganingiz to‘g‘rimi?! Cho‘loq, kasalmand molni qurbonlik qilayotganingiz to‘g‘rimi?! O‘shani hukmdoringizga taqdim qilib ko‘ring–chi. U sizlardan mamnun bo‘lib, iltifot qilarmikan?! — deydi Sarvari Olam. — Ey ruhoniylar, ayb o‘zingizda. Qani: “Bizga baraka ber!” deb Men, Xudoga yolvorib ko‘ringlar–chi. Bunday qilmishlaringiz uchun Men birontangizga baraka berarmikinman?! — deydi Sarvari Olam. — Qaniydi, birortangiz Ma’bad eshiklarini yopib tashlaganingizda! Shunda ichkariga kirib qurbongohim ustida behuda olov yondirmagan bo‘lar edingiz! Men sizlardan mamnun emasman, nazrlaringizni qabul qilmayman, — deydi Sarvari Olam. — Zero, dunyoning u chekkasidan bu chekkasigacha bo‘lgan barcha xalqlar orasida Mening nomim ulug‘lanmoqda. Butun yer yuzida Menga atab tutatqilar tutatilmoqda, halol qurbonliklar keltirilmoqda. Ha, xalqlar orasida buyukdir Mening nomim! — deydi Sarvari Olam. — Sizlar esa: “ Rabbiyga arzimas nazrlar keltirsak ham bo‘laveradi”, deya Mening dasturxonimni bulg‘ayapsizlar. Yana: “Bularning hammasidan charchab ketdik”, deya yuzlaringizni burushtiryapsizlar, — deydi Sarvari Olam. — Sizlar cho‘loq, kasalmand yoki birovdan tortib olingan jonivorni qurbonlik qilasizlar! Men esa o‘shani qabul qilishim kerakmi?! — deydi Egamiz. — La’natisizlar! Podangizdagi bir qo‘chqorni Men, Rabbiyga atab qo‘ygansizlar–u, lekin o‘rniga nuqsonli jonivorni qurbonlik qilyapsizlar. Men buyuk Shohman — deydi Sarvari Olam. — Mening nomim xalqlar orasida izzat–ikrom bilan tilga olinur. [1-2] Sarvari Olam shunday deydi: “Ey ruhoniylar, endi sizlarga amrim shudir: Menga quloq soling. Chin yurakdan nomimni ulug‘lang. Aks holda ustingizga la’natlar yog‘diraman, barakalaringni la’nati qilaman. Darvoqe, barakalaringni la’natlab bo‘ldim ham, chunki birontangiz ogohimga e’tibor bermadingiz. *** Men farzandlaringizni jazolayman. Qurbonliklaringiz axlatini betlaringizga sochaman, sizlarni huzurimdan chiqarib yuboraman. Shunda bu amrni sizlarga Men berganimni bilib olasizlar. Men bu amr orqali ota–bobongiz Levi va uning nasllari bilan tuzgan ahdimni mustahkam qilmoqchi edim, — deydi Sarvari Olam. — Levi qabilasi bilan qilgan o‘sha ahdim farovon hayot ahdi edi. Men levilarning qalbiga qo‘rquvni solib qo‘ydim, ular Mendan qo‘rqishardi, nomimni benihoya izzat etishardi. Ular ko‘rsatmalarimni buzmasdan yetkazishardi, adolatli hukm chiqarishardi. Sofdillik va to‘g‘rilik yo‘llarida Menga hamroh edilar, ko‘plarni gunohdan qaytardilar. Ruhoniyning vazifasi odamlarga to‘g‘ri ta’lim berishdir. Odamlar uning oldiga maslahat so‘rab borishlari kerak, axir, u Men, Sarvari Olamning elchisidir. Ammo, ey ruhoniylar, sizlar yo‘limdan og‘dingizlar, o‘z ko‘rsatmalaringiz bilan ko‘plarni yo‘ldan urdingizlar. Levi qavmi bilan tuzgan ahdimni barbod qildingizlar, — deydi Sarvari Olam. — Men esa sizlarni xo‘rladim, barcha xalqlardan pastroq qildim. Sizlar Mening yo‘limdan yurmayapsiz, qonun masalasida tarafkashlik qilyapsiz.” Hammamizning otamiz bir emasmi?! Hammamizni bir Xudo yaratgan emasmi?! Nega endi biz bir–birimizga sadoqatsiz bo‘lishimiz kerak? Nega Xudo ota–bobolarimiz bilan tuzgan ahdni bulg‘ashimiz kerak? Ey Yahudo xalqi, sizlar sadoqatsizlik qildingiz. Quddus va Isroilda jirkanch ishlarga qo‘l urdingiz. Ha, Egamiz yaxshi ko‘radigan Ma’badni bulg‘ab, begona xudolarga topinadigan qizlarga uylandingiz. Egamiz bunday qilmishlarga qo‘l urgan har bir odamni, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, Yoqub chodirlaridan yo‘q qilsin. Unday odamlar Sarvari Olamga nazrlar keltirmasin. Sizlar yana shunday qilyapsiz: Egamizning qurbongohini ko‘z yoshlar bilan yuvyapsiz, faryod qilib fig‘on chekyapsiz, chunki Xudo nazrlaringizni qabul qilmayapti, U ulardan mamnun emas. “Nima uchun?” deb so‘raysiz. Chunki sizlar yoshlik chog‘ingizda uylangan xotiningizga bevafolik qildingiz. Axir, u sizning umr yo‘ldoshingiz, nikoh ahdingizdagi xotiningiz–ku! Egamizning O‘zi sizlarning orangizda guvohdir. Ehtiyot bo‘ling, orangizda hech kim o‘z xotiniga xiyonat qilmasin. Xudo sizlarni bir tan bir jon qilgan–ku! Endi Xudo sizlardan nimani kutyapti? Haqiqiy xudojo‘y farzandlarni kutyapti. “Xotinidan nafratlanib, undan ajrashgan erkak o‘z himoyasi ostida bo‘lgan xotiniga shafqatsizlik qilgan bo‘ladi”, — deydi Isroil xalqining Xudosi — Egamiz. “Shu bois hushyor bo‘linglar, xiyonat qilmanglar”, — deydi Sarvari Olam. Sizlar gaplaringiz bilan Egamizni charchatib yubordilaring–ku, yana: “Qanday qilib Uni charchatibmiz?” deb so‘raysizlar. Sizlar: “Yomonlik qilgan hammani Egamiz yaxshi ko‘radi, ulardan mamnun bo‘ladi. Qani, adolat Xudosi bormi o‘zi?!” deb aytasizlar. Bu gaplaring bilan Egamizni charchatyapsizlar. Sarvari Olam shunday deydi: “Mana, Men O‘z elchimni yuboryapman. U Men uchun yo‘lni hozirlaydi. U to‘satdan O‘z Ma’badiga keladi. Sizlar izlayotgan Rabbiy O‘shadir. Ahd elchisi Uning O‘zidir. Sizlar Undan g‘oyat mamnun bo‘lasiz.” Ammo U kelganda kim bardosh bera oladi?! Paydo bo‘lganda kimning joni saqlanib qoladi?! Ha, U o‘yadigan ishqor, tozalaydigan olov kabidir. U o‘tirib, Levi avlodini tozalaydi, kumush va oltinni olovda soflaganday ularni soflaydi. Shunda ular Egamizga manzur keladigan nazrlar taqdim qilishadi. Keyin Yahudo xalqi va Quddus aholisi keltirgan nazrlar Egamizga oldingiday ma’qul bo‘ladi. Sarvari Olam shunday deydi: “Shundagina Men hukm qilgani oldingizga boraman. Mendan qo‘rqmaydigan hammaga — sehrgar, zinokor, yolg‘on qasam ichganlar, mardikorlarning ish haqini ushlab qoladiganlar, yetim va bevalarni ezuvchilarga va musofirlarni turtkilaganlarga qarshi tezda guvohlik beraman.” [6-7] Sarvari Olam shunday deydi: — Ey Yoqub o‘g‘lonlari, Men Egangizman. Men hech qachon o‘zgarmayman! Shuning uchungina sizlar yo‘q bo‘lib ketmadingizlar. Ota–bobolaringiz qonun–qoidalarimdan yuz o‘girdilar. Sizlar ham ular singari qonunlarimga rioya qilmadingizlar. Endi tavba qilinglar. Ha, Mening oldimga qaytib kelinglar. Shunda Men ham oldingizga qaytib boraman. Ammo sizlar: “Nega tavba qilishimiz kerak?” deb so‘raysizlar. *** Inson Xudodan narsa o‘g‘irlashga jur’at qiladimi?! Ammo Sizlar Mening narsamni o‘g‘irlayapsizlar! Yana “Nimangni o‘g‘irlabmiz?” deb so‘raysizlar. Ushr va ehsonlarimni o‘g‘irladingiz! E, la’nati bo‘lib ketinglar! Mening narsamni o‘g‘irlabsiz–a! Sizlar, butun xalq, la’natisizlar! Qani, omborxonaga ushrni bekami–ko‘st qilib olib kelinglar. Xonadonimga ozuqa keltiringlar. Shu yo‘l bilan Meni sinab ko‘ringlar, — deydi Sarvari Olam. — Shunda ko‘rasizlar, Men osmon qopqalarini ochaman. Sizlarga marhamatimni serob qilib yog‘diraman. Men chigirtkalarga man etaman. Ular ekinlaringizni nobud qilmaydi. Uzumzorlaringiz hosiliga tegmaydi, — deydi Sarvari Olam. — Shunda barcha xalqlar sizlarni baxtli deb ataydi. Ha, yurtingiz orombaxsh bir joy bo‘ladi, — deydi Sarvari Olam. Egamiz shunday dedi: — Sizlar Men haqimda yomon gapirdingiz. Yana: “Qachon sen haqingda yomon gapiribmiz?” deysizlar–a. Sizlar aytasiz: “Xudoga xizmat qilish behuda. Sarvari Olamning talablarini ado etishdan hech foyda yo‘q. Uning huzurida azador kabi yurishning nima keragi bor?! Takabburlar baxtli–ku. Yovuzlar ham gullab–yashnaydilar. Mana, qarang, ular Xudoni sinab turib jazodan ham qochib qutuldilar.” Egamizdan qo‘rqqanlar bular haqida gaplashdilar. Egamiz esa ularning gaplariga e’tibor berib quloq soldi. Uning huzurida Egamizdan qo‘rqqan, Uning nomini e’zozlaganlar haqida Xotira kitobi yozildi. Sarvari Olam shunday deydi: “Ular Meniki bo‘ladilar. Men belgilagan kunda xazinamning gavharlari bo‘ladilar. Mehribon ota–ona o‘z itoatkor bolasini xalos etganday, Men ham ularni xalos etaman. Shunda, ey xalqim, sizlar solihu fosiqning farqini yana ko‘rasiz. Ha, Menga xizmat qiladiganu Menga xizmat qilmaydiganning holini bilasiz.” Sarvari Olam shunday deydi: “Ana, qiyomat kuni yaqinlashib qoldi. O‘sha kun lovullagan tandirday bo‘ladi. Takabburlar bilan yovuzlarning hammasi go‘yo xas–cho‘pdir. Kelayotgan o‘sha kuni hammasi yondirib tashlanadi. Ulardan na shoxlar, na ildizlar qoladi. Sizlar uchun esa, ey nomimni eshitib qo‘rqadiganlar, zafar quyosh kabi ko‘tariladi, sizlarga shifo nurlarini sochadi. Ha, sizlar shodlanasizlar. Og‘ilxonadan qo‘yib yuborilgan buzoqlarday sakraysizlar. Yovuzlarni bosib ezasizlar. Ha, Men belgilagan o‘sha kunda ular oyog‘ingiz ostidagi tuproqday bo‘ladi, — deydi Sarvari Olam. — Qulim Musoning ko‘rsatmalarini eslang. Unga Sinay tog‘ida butun Isroil xalqi uchun bergan odil qonun–qoidalarimni esga oling. Mana, Men, Egangizning ulug‘ va dahshatli kuni kelishidan oldin, oldingizga Ilyos payg‘ambarni yuboryapman. U otalarning yuraklarini farzandlarga, farzandlarining yuraklarini esa otalarga moyil qiladi. Toki Men yurtni la’natlab yo‘q qilmayin.” Ibrohim va Dovud avlodidan bo‘lgan Iso Masihning nasabnomasi quyidagicha: Ibrohimdan Is’hoq tug‘ildi. Is’hoqdan Yoqub tug‘ildi. Yoqubdan Yahudo va uning aka–ukalari tug‘ildilar. Yahudo va Tamaradan Paraz va Zarah tug‘ildilar. Parazdan Xazron tug‘ildi. Xazrondan Oram tug‘ildi. Oramdan Ominadov tug‘ildi. Ominadovdan Naxsho‘n tug‘ildi. Naxsho‘ndan Salmo‘n tug‘ildi. Salmo‘n va Rahobadan Bo‘az tug‘ildi. Bo‘az va Rutdan Obid tug‘ildi. Obiddan Essay tug‘ildi. Essaydan shoh Dovud tug‘ildi. Shoh Dovud va Uriyoning sobiq xotinidan Sulaymon tug‘ildi. Sulaymondan Raxabom tug‘ildi. Raxabomdan Abiyo tug‘ildi. Abiyodan Oso tug‘ildi. Osodan Yohushafat tug‘ildi. Yohushafatdan Yo‘ram tug‘ildi. Yo‘ramdan Uzziyo tug‘ildi. Uzziyodan Yo‘tom tug‘ildi. Yo‘tomdan Oxoz tug‘ildi. Oxozdan Xizqiyo tug‘ildi. Xizqiyodan Manashe tug‘ildi. Manashedan Omon tug‘ildi. Omondan Yo‘shiyo tug‘ildi. Isroil xalqi Bobilga surgun qilingan davrda Yo‘shiyo Yexoniyoni va boshqa o‘g‘il farzandlarni ko‘rdi. Isroil xalqi Bobilga surgun qilingandan keyin Yoxoniyodan Shaltiyol tug‘ildi. Shaltiyoldan Zarubabel tug‘ildi. Zarubabeldan Abihud tug‘ildi. Abihuddan Eliyaqim tug‘ildi. Eliyaqimdan Azo‘r tug‘ildi. Azo‘rdan Zodo‘x tug‘ildi. Zodo‘xdan Axim tug‘ildi. Aximdan Elihud tug‘ildi. Elihuddan Elazar tug‘ildi. Elazardan Mattan tug‘ildi. Mattandan Yoqub tug‘ildi. Yoqubdan Maryamning eri Yusuf tug‘ildi. Maryamdan esa Masih deb atalgan Iso tug‘ildi. Shunday qilib, Ibrohimdan Dovudgacha hammasi bo‘lib o‘n to‘rt nasl, Dovuddan Bobildagi surgungacha o‘n to‘rt nasl va Bobildagi surgundan Masih tug‘ilgungacha o‘n to‘rt nasldir. Iso Masihning tug‘ilishi shunday sodir bo‘ldi: Isoning onasi Maryam Yusufga unashtirib qo‘yilgan edi. Ularning nikohidan oldin Maryam Muqaddas Ruhdan homilador ekanini bildi. Maryamning bo‘lg‘usi eri Yusuf solih odam bo‘lib, Maryamni sharmanda qilishni istamay, birovga bildirmasdan fotihasini buzmoqchi bo‘ldi. Yusuf bu haqda o‘ylab yurganda, Egamizning bir farishtasi unga tushida zohir bo‘lib dedi: “Ey Dovud o‘g‘li Yusuf! Maryamga uylanishdan qo‘rqma, chunki qornidagi bola Muqaddas Ruhdan paydo bo‘lgan. Maryam O‘g‘il tug‘adi, Uning ismini Iso qo‘yasan, chunki U O‘z xalqini gunohlardan qutqaradi.” Bu barcha voqealar Egamizning payg‘ambar orqali aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘lishi uchun yuz bergan edi: “Qiz homilador bo‘ladi, u o‘g‘il tug‘adi, Uning ismini Immanuil, deb qo‘yishadi.” Immanuil “Xudo biz bilan” deganidir. Yusuf uyg‘onib ketdi. Egamizning farishtasi buyurgandek, u Maryamga uylandi. Ammo Maryam O‘g‘il tug‘magunicha unga yaqinlashmadi. Bola tug‘ilganda esa Yusuf Unga Iso deb ism qo‘ydi. Iso shoh Hirodning hukmronligi davrida, Yahudiyadagi Baytlahm shahrida tug‘ilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay sharqdan Quddusga munajjimlar kelishdi. Ular: — Yahudiylarning yangi tug‘ilgan shohi qayerda? — deb so‘radilar. — Biz Uning yulduzi chiqqanini ko‘rdik. Unga ta’zim qilgani keldik. Bu gapni eshitib shoh Hirod ham, butun Quddus aholisi ham bezovtalanib qoldi. Hirod barcha bosh ruhoniylarni va Tavrot tafsirchilarini to‘plab, ulardan: “ Masih qayerda tug‘ilishi kerak?” deb so‘radi. Ular shunday javob berdilar: — Yahudiyadagi Baytlahm shahrida, chunki payg‘ambarning bitiklarida shunday yozilgan: “Ey Yahudo yurtidagi Baytlahm! Sen Yahudoning buyuk shaharlaridan hech kam emassan. Zero, sendan bir hukmdor chiqadi, U xalqim Isroilga cho‘ponlik qiladi.” Shundan keyin Hirod hech kimga bildirmay munajjimlarni chaqirib, ulardan yulduz paydo bo‘lgan aniq vaqtni bilib oldi. So‘ng ularni Baytlahmga jo‘natayotib, dedi: — Baytlahmga boringlar, chaqaloq to‘g‘risida hamma narsani aniq bilib olinglar. Chaqaloqni topganlaringizdan keyin, menga xabar beringlar, toki men ham borib, Unga ta’zim qilayin. [9-10] Munajjimlar shohning so‘zlarini eshitib bo‘lib, yo‘lga tushdilar. Ularga oldin ko‘ringan yulduz yana paydo bo‘ldi, munajjimlar rosa xursand bo‘ldilar. Yulduz ularga yo‘l ko‘rsatib bordi va nihoyat, chaqaloq yotgan joy tepasiga kelib to‘xtadi. *** Munajjimlar uyga kirib, chaqaloqni va Uning onasi Maryamni ko‘rdilar. Tiz cho‘kib, chaqaloqqa ta’zim qildilar. So‘ng xazinalar solingan qutichalarini ochib, Unga oltin, xushbo‘y tutatqilar va mirrani tortiq qildilar. Hirodning oldiga qaytmasliklari to‘g‘risida ular tushlarida ogohlantirilgandan keyin, boshqa yo‘l bilan o‘z yurtiga qaytib ketdilar. Munajjimlar ketganlaridan keyin, Egamizning bir farishtasi Yusufga tushida zohir bo‘lib dedi: “Tur! Chaqaloq bilan onasini olib, Misrga qoch. Chunki Hirod chaqaloqni topib, o‘ldirmoqchi. Men senga aytmagunimcha, Misrda qol.” Yusuf o‘rnidan turib, chaqaloq bilan Maryamni oldi–yu, tunda Misrga jo‘nadi. Hirodning ajali yetgunicha, u yerda qoldi. Egamizning payg‘ambar orqali: “Men O‘g‘limni Misrdan chaqirib oldim”, deb aytgan bashorati bajo bo‘lishi uchun bu voqea yuz bergandi. Hirod, munajjimlar uni aldab ketganini bilib, g‘azabga mindi. U Baytlahmdagi va uning atroflaridagi ikki yoshgacha bo‘lgan hamma o‘g‘il bolalarni qilichdan o‘tkazishni buyurdi. Chunki munajjimlarning aytgani bo‘yicha yulduz taxminan ikki yil oldin chiqqan edi. Shunday qilib, Yeremiyo payg‘ambarning aytganlari bajo bo‘ldi: “Rama shahridan bir nido eshitilur, Achchiq bir nolayu ohu fig‘on bu. Bolalari uchun yig‘lar Rohila, Ovunishni xohlamas, chunki ular endi yo‘q. Hirod vafot etgandan keyin Yusuf Misrda ekan, Egamizning bir farishtasi unga tushida zohir bo‘lib dedi: “Tur, bola bilan onasini olib, Isroil yurtiga qaytib bor. Bolaning joniga qasd qilganlar olamdan o‘tdi.” Shunda Yusuf bola bilan Maryamni olib, Isroil yurtiga yo‘l oldi. Ammo Yahudiyada Hirod o‘rniga uning o‘g‘li Arxelay hukmronlik qilayotganini eshitib, u yerga borishga qo‘rqdi. So‘ng tushida xabar olgandan keyin, Jalila viloyatiga yo‘l oldi. U yerga borib, Nosira degan shaharga joylashdi. Shunday qilib, Egamiz payg‘ambarlar orqali: “Uni Nosiralik deb ataydilar”, deb aytgan bashorati bajo bo‘ldi. O‘sha kunlarda Yahyo cho‘mdiruvchi Yahudiya cho‘lida va’z qila boshladi. U odamlarga: “ Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashdi!” — deb aytardi. Yahyo to‘g‘risida Ishayo payg‘ambar shunday degan edi: “Sahroda bir ovoz yangramoqda: Egamizga yo‘l hozirlang, Unga to‘g‘ri yo‘l oching!” Yahyo tuya junidan to‘qilgan kiyim kiyib, charm kamar taqib yurardi. Uning yeguligi chigirtka va yovvoyi asal edi. Uning oldiga butun Quddus shahridan, Yahudiya o‘lkasidan va Iordan daryosi atroflaridan odamlar kelardi. Ular gunohlarini e’tirof etishar, Yahyo esa ularni Iordan suviga cho‘mdirardi. Farziy va sadduqiy mazhablaridan bo‘lgan ko‘p odamlar suvga cho‘mdirilish uchun kelayotganlarini Yahyo ko‘rib, dedi: “Hoy, ilonlar zoti! Boshingizga kelayotgan Xudo g‘azabidan qochib qutulasiz, deb sizlarga kim uqtirdi? Tavbaga yarasha samara beringlar! O‘zingizcha: “Biz Ibrohim naslidanmiz”, deb aytishni xayolingizga ham keltirmanglar! Sizlarga shuni aytay: Xudo mana bu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir. Hozirdanoq daraxtlar ildizida bolta yotibdi. Yaxshi meva bermagan har bir daraxt kesilib, olovga tashlanadi. Tavba qilganingizni ko‘rsatish uchun men sizlarni suvga cho‘mdiryapman. Lekin ortimdan mendan ham qudratliroq bo‘lgan bir Zot kelmoqda. Men Uning choriqlarini ko‘tarib yurishga ham arzimayman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va olovga cho‘mdiradi. Uning panshaxasi qo‘lida tayyor turibdi. U O‘z xirmonini shopiradi: bug‘doyini omborga to‘plab, somonni so‘nmas olovda yondirib yuboradi.” Shu orada Iso Jaliladan Iordan daryosi bo‘yiga bordi. U Yahyo tomonidan suvga cho‘mdirilmoqchi edi. Lekin Yahyo Isoni to‘xtatmoqchi bo‘lib dedi: — Aslida Siz meni suvga cho‘mdirishingiz kerak! Siz bo‘lsangiz mening oldimga keldingiz! Iso unga dedi: — Keling, bu safar shunday bo‘la qolsin. Axir biz Xudoning irodasini to‘la bajarishimiz zarur. Shundan keyin Yahyo rozi bo‘ldi. Iso suvga cho‘mdirildi. U suvdan chiqqan zahoti, osmon ochilib ketdi va Iso O‘z ustiga Xudoning Ruhi kaptar shaklida tushib qo‘nganini ko‘rdi. Shu payt osmondan: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan nihoyatda mamnunman”, — degan ovoz keldi. Iblisning sinovidan o‘tishi uchun Muqaddas Ruh Isoni sahroga boshlab ketdi. Iso qirq kun va qirq kecha ro‘za tutdi, oxiri och qoldi. Shunda iblis kelib, Isoni vasvasaga solmoqchi bo‘lib dedi: — Agar Sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, bu toshlarga buyur, nonga aylansin! Iso unga javoban dedi: — Yozilganki: “Inson faqat non bilan emas, balki Xudoning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashaydi.” Keyin iblis Isoni muqaddas shahar Quddusga olib bordi. Uni Ma’badning eng yuqori joyiga chiqarib, shunday dedi: — Agar Sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, O‘zingni pastga tashla. Axir, yozilgan–ku: “U sen to‘g‘ringda farishtalariga amr beradi, Oyog‘ing toshga qoqilib ketmasin, deya Farishtalar qo‘llarida seni ko‘tarib boradi.” Iblisga Iso dedi: — “Egang Xudoni sinama”, deb ham yozilgan. So‘ng iblis Isoni baland bir toqqa olib chiqdi. Unga olamning barcha shohliklarini hamda ularning hashamatini ko‘rsatib, dedi: — Agar tiz cho‘kib menga sajda qilsang, bularning hammasini Senga beraman. Shunda Iso dedi: — Yo‘qol ko‘zimdan, shayton! Axir: “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil” deb yozilgan–ku! Shundan keyin Isoni iblis tark etdi. Farishtalar kelib, Isoga xizmat qildilar. Iso Yahyoning hibsga olinganini eshitgach, Jalilaga qaytib bordi. U Nosira shahrida qolmay, Kafarnahumga borib o‘rnashdi. Kafarnahum shahri Zabulun va Naftali hududidagi Jalila ko‘li bo‘yida joylashgan edi. Shunday qilib, Ishayo payg‘ambarning aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘ldi: “Ey Zabulun va Naftali yurti! Iordanning narigi tomonida joylashgan, Dengiz yo‘lidagi g‘ayriyahudiylar Jalilasi! Zulmatda yurgan xalq yorqin ziyoni ko‘rdi, O‘lim soya solgan yurt aholisi ustiga nur sochildi.” Shu kundan boshlab Iso: “ Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashdi”, — deb va’z qiladigan bo‘ldi. Iso Jalila ko‘li bo‘ylab ketayotgan edi, ikki aka–ukani ko‘rib qoldi. Birining ismi Butrus deb ataluvchi Shimo‘n, ukasiniki Idris edi. Ular baliqchi bo‘lib, ko‘lga to‘r tashlayotgan edilar. Iso ularga dedi: “Ortimdan yuringlar, Men sizlarga odamlarni ovlashni o‘rgataman.” Shu zahotiyoq ikkala aka–uka to‘rlarini qoldirib, Isoga ergashdilar. Iso bir oz yurgandan keyin, Yoqub va Yuhanno degan ikki aka–ukani ko‘rib qoldi. Ular otasi Zabadiy bilan qayiqda to‘r yamayotgan edilar. Iso ularni ham chaqirdi. Ular ham darhol qayiqni va otasini qoldirib, Isoning orqasidan ergashdilar. Iso butun Jalila viloyatini kezib yurardi. U sinagogalarda ta’lim berib, Osmon Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni e’lon qilardi, odamlarning har xil xastaliklari va dardlariga shifo berar edi. Iso haqidagi xabar butun Suriyaga yoyildi. Turli–tuman dardu illatlardan qiynalib yurganlarni, jinga chalinganlarni, tutqanoq va shol kasaliga yo‘liqqanlarning hammasini Isoning oldiga keltirishardi. Iso ularning hammasiga shifo berardi. Jaliladan, Dekapolisdan, Quddusdan, Yahudiyadan va Iordanning narigi tomonidagi yerlardan ko‘plab odamlar Isoga ergashib kelardi. Iso katta bir olomonni ko‘rib, toqqa chiqib o‘tirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelishdi. Iso shogirdlariga ta’lim berib, gap boshladi: “Ruhan kambag‘al bo‘lganlar baxtlidir, Chunki Osmon Shohligi ularnikidir. Yig‘layotganlar baxtlidir, Chunki ular tasalli topadilar. Kamtarin bo‘lganlar baxtlidir, Chunki ular yer yuziga ega bo‘ladilar. Adolatga tashna bo‘lganlar baxtlidir, Chunki Xudo ularni qondiradi. Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir, Chunki ular rahm–shafqat topadilar. Pokdil bo‘lganlar baxtlidir, Chunki ular Xudoni ko‘radilar. Tinchlik o‘rnatuvchilar baxtlidir, Chunki ular Xudoning farzandlari deb ataladilar. Xudoning yo‘lidan yurgani uchun Quvg‘in bo‘lganlar baxtlidir, Chunki Osmon Shohligi ularnikidir. Odamlar Men tufayli sizlarni haqoratlab quvg‘in qilganlarida, sizlar haqingizda yolg‘on gapirib tuhmat qilganlarida, baxtlisizlar! Sevininglar, xursand bo‘linglar. Sizlarni osmonda buyuk mukofot kutmoqda. Axir sizdan avval o‘tgan payg‘ambarlar ham xuddi shunday quvg‘in bo‘lganlar. Sizlar yerning tuzisizlar. Lekin tuz o‘z ta’mini yo‘qotsa, uni yana qanday sho‘r qilib bo‘ladi? Bunday tuz boshqa hech narsaga yaramaydi, uni oyoq ostiga tashlab yuborishadi. Sizlar dunyoning nurisizlar. Tepalikka qurilgan shaharni ko‘zdan pinhon tutib bo‘lmaydi. Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopib qo‘ymaydi. Aksincha, uni chiroqpoyaga qo‘yishadi, shunda chiroq uydagilarning hammasiga yorug‘lik beradi. Sizning nuringiz ham insonlar oldida shunday porlasinki, toki ular yaxshi ishlaringizni ko‘rib, osmondagi Otangizni ulug‘lasinlar. Meni, Tavrot yoki payg‘ambarlarning bitiklarini bekor qilgani kelgan, deb o‘ylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim. Sizga chinini aytayin: yeru osmon yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Ammo Tavrotdagi na bir harf, na bir nuqta o‘chadi. Unda yozilgan hamma narsa amalga oshadi. Shu bois kim bu amrlarning eng kichigiga ham rioya qilmay, uni boshqalarga buzib o‘rgatsa, Osmon Shohligida eng kichik bo‘ladi. Lekin kim bu amrlarni bajarib, boshqalarga o‘rgatsa, Osmon Shohligida buyuk bo‘ladi. Sizlarga aytib qo‘yay: agar sizlarning solihligingiz Tavrot tafsirchilari va farziylarning solihligidan ustun kelmasa, sizlar hech qachon Osmon Shohligiga kirolmaysizlar. Ajdodlarimizga shunday aytilganini eshitgansizlar: “Qotillik qilma. Qotillik qilgan odam hukm qilinadi.” Lekin Men sizlarga aytaman: hattoki birodaridan g‘azablangan odam ham hukm qilinadi. Birodarini haqoratlagan odam oliy mahkamada javob beradi. Birodariga: “Ahmoqsan”, degan esa, do‘zax oloviga tashlanadi. Shunday ekan, siz ehsoningizni qurbongohga olib kelganingizda, birodaringiz nimadandir sizdan xafa ekanligi yodingizga tushsa, ehsoningizni qurbongoh oldida qoldiring. Birinchi navbatda borib, birodaringiz bilan yarashing, keyin kelib, ehsoningizni nazr qiling. Birov sizni ayblab qozixonaga olib borsa, vaqtni boy bermay, yo‘ldayoq ayblovchingiz bilan kelishib oling. Aks holda, ayblovchingiz sizni qozi oldiga olib boradi, qozi esa sizni mirshabga topshiradi. Sizni zindonga tashlashadi. Sizlarga chinini aytay: oxirgi tiyiningizni to‘lamaguningizcha, u yerdan chiqolmaysiz. “Zino qilma”, — deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytaman: agar siz ayolga shahvat bilan qarasangiz, xayolingizda u bilan zino qilgan bo‘lasiz. Bordi–yu, o‘ng ko‘zingiz gunoh qilishingizga sababchi bo‘lsa, uni o‘yib olib, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz do‘zaxga tashlangandan ko‘ra, a’zolaringizdan bittasi yo‘q bo‘lgani siz uchun yaxshiroqdir. Agar o‘ng qo‘lingiz gunoh qilishingizga sababchi bo‘lsa, uni kesib tashlab, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz do‘zaxga yo‘liqqandan ko‘ra, a’zolaringizdan bittasi yo‘q bo‘lgani siz uchun yaxshiroqdir. Yana deyilganki: “Kim xotini bilan ajrashmoqchi bo‘lsa, unga taloq xatini yozib bersin.” Lekin Men sizlarga aytaman: kim bevafolik aybidan boshqa sabab tufayli o‘z xotini bilan ajrashsa, unga zino qilishga sabab topib beradi. Shuningdek, kim ajrashgan xotinga uylansa, zino qilgan bo‘ladi. Ajdodlarimizga: “Ichgan qasamingdan qaytma. Egamizga bergan va’dalaringni bajargin”, — deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytaman: umuman qasam ichmanglar. Osmon haqi deya qasam ichmanglar, chunki osmon Xudoning taxtidir. Yer haqi deya qasam ichmanglar, chunki yer Xudoning poyandozidir. Quddus haqi deya ham qasam ichmanglar, chunki Quddus buyuk Shohning shahridir. Boshingiz haqi ham qasam ichmanglar, chunki o‘zlaringiz sochingizning bir tolasini ham oq yoki qora qila olmaysiz. Sizlarning so‘zingiz faqat “ha” yoki “yo‘q” bo‘lsin. Bundan ortig‘i esa yovuz shaytondandir. Sizlar: “Ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish”, — deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytaman: sizga yomonlik qilgan odamga qarshilik ko‘rsatmang. Agar kimdir o‘ng chakkangizga ursa, unga chapini ham tuting. Kim siz bilan da’volashib, ko‘ylagingizni olmoqchi bo‘lsa, unga to‘ningizni ham berib yuboring. Birov sizni bir chaqirim yo‘l yurishga majbur qilsa, u bilan birga ikki chaqirim yuring. Sizdan so‘raganga bering, sizdan qarz olmoqchi bo‘lgandan yuz o‘girmang. “Birodaringni yaxshi ko‘r, dushmaningdan nafratlan”, — deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni yaxshi ko‘ringlar. Sizlarni quvg‘in qilganlar uchun ibodat qilinglar. Shunda siz osmondagi Otangizning o‘g‘illari bo‘lasizlar. Chunki U O‘z quyoshini yovuzlar ustida ham, yaxshilar ustida ham balqitadi, yomg‘irini solihlar ustiga ham, fosiqlar ustiga ham yog‘diradi. Agar sizni yaxshi ko‘rganlarnigina yaxshi ko‘rsangiz, sizlarga qanday mukofot bo‘ladi? Axir, soliqchilar ham shunday qilishmaydimi? Agar siz faqat birodarlaringiz bilangina salomlashsangiz, boshqalardan nima farqingiz qoladi?! Axir, butparastlar ham xuddi shunday qilishmaydimi?! Osmondagi Otangiz barkamol bo‘lgani kabi, sizlar ham barkamol bo‘linglar.” “Ehtiyot bo‘linglar, savobli ishingizni odamlarga ko‘z–ko‘z qilmanglar. Aks holda osmondagi Otangizdan mukofot ololmaysizlar. Birovga sadaqa berganingiz haqida hammaga jar solib yurmanglar. Ikkiyuzlamachilargina odamlardan olqish olish uchun sinagogalarda va ko‘cha–ko‘yda shunday qiladilar. Sizlarga chinini aytayin: ular o‘z mukofotini olib bo‘lganlar. Siz esa sadaqa berayotganingizda, o‘ng qo‘lingiz nima qilayotganini chap qo‘lingiz bilmasin. Sadaqangizni hech kimga bildirmay bering. Yashirincha qilgan bu ishingizni ko‘rgan Otangiz sizni taqdirlaydi.” “Ibodat qilganingizda, ikkiyuzlamachilarga o‘xshamanglar. Ular o‘zlarini hammaga ko‘rsatish uchun sinagogalarda va ko‘chalarning burchaklarida turib ibodat qilishni yaxshi ko‘radilar. Sizlarga chinini aytay: ular o‘zlarining mukofotlarini olib bo‘lganlar. Siz esa ibodat qilayotganingizda ichkari xonaga kirib, eshikni berkitib oling va yashirin bo‘lgan Otangizga ibodat qiling. Yashirin qilgan ishlaringizni ko‘rgan Otangiz sizni taqdirlaydi. Ibodat qilayotganingizda, butparastlar kabi behuda so‘zlarni hadeb takrorlayvermang. Ular: ko‘p so‘zlasam, ibodatim ijobat bo‘ladi, deb o‘ylaydilar. Ularga o‘xshamanglar, chunki Otangiz so‘ramasingizdan oldin nimaga muhtojligingizni biladi. Sizlar esa shunday ibodat qilinglar: Bizning osmondagi Otamiz! Sening muqaddas noming ulug‘lansin. Sening Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, Yerda ham Sening irodang bajo bo‘lsin. Bugungi rizqimizni bergin. Bizga qarshi gunoh qilganlarni biz kechirgandek, Sen ham gunohlarimizni kechirgin. Bizni vasvasaga duchor qilmagin, Ammo yovuz shaytondan xalos qilgin. Agar sizlar boshqalarning gunohlarini kechirsangizlar, osmondagi Otangiz ham sizni kechiradi. Bordi–yu, sizlar boshqalarning gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi.” “Ro‘za tutayotganingizda, ikkiyuzlamachilar kabi qovoq solib yurmanglar. Ular ro‘za tutayotganlarini boshqalarga ko‘rsatish uchun yuvinib, taranmaydilar. Sizlarga chinini aytayin: ular o‘zlarining mukofotlarini olib bo‘lganlar. Sizlar ro‘za tutganlaringizda yuzlaringizni yuvib, sochlaringizni tarab yuring, toki ro‘za tutganingizni yashirin bo‘lgan Otangizdan boshqa hech kim bilmasin. Shunda yashirin qilgan ishingizni ko‘rgan Otangiz sizni taqdirlaydi.” “Bu dunyoda o‘zlaringiz uchun boylik g‘amlamanglar. Axir, bunday boylikni kuya yeydi, zang bosadi, o‘g‘ri tushib o‘g‘irlaydi. Aksincha, o‘zlaringiz uchun osmonda boylik yig‘inglar. Bunday boylikni kuya yemaydi, zang bosmaydi, o‘g‘ri ham o‘g‘irlay olmaydi. Xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi. Tananing chirog‘i — ko‘z. Agar ko‘zingiz yaxshi bo‘lsa, butun tanangiz yop–yorug‘ bo‘ladi. Ammo ko‘zingiz yomon bo‘lsa, butun tanangiz zulmatga to‘ladi. Agarda ichingizdagi nur zulmat bo‘lsa, zimziyo zulmatda qolgan ekansiz. Hech kim ikki xo‘jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko‘rib, boshqasini yaxshi ko‘radi, yoki biriga bag‘ishlanib, boshqasini mensimaydi. Sizlar ham Xudoga, ham boylikka birdek xizmat qila olmaysizlar.” “Shuning uchun sizlarga aytaman: “Tirikchiligingizdan xavotir olib, nima yeymiz, nima ichamiz, ustimizga nima kiyamiz, demanglar. Axir, hayot ovqatdan, tana esa kiyimdan muhimroq emasmi?! Qushlarga qaranglar: ular na ekadi, na o‘radi, na omborga don yig‘adi. Shunga qaramay, osmondagi Otangiz ularning rizqini beradi. Sizlar esa ulardan ancha qadrlisizlar–ku! Birontangiz tashvishlanib, umringizni bir lahzaga bo‘lsa ham uzaytira olarmidingiz?! Nega kiyim uchun tashvishlanasizlar? Nilufar gullarning qanday o‘sishiga e’tibor qiling: ular mehnat qilmaydi, ip yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto shoh Sulaymon shuhrat cho‘qqisida ham o‘sha gullarning biriday kiyinmagan. Bugun bor, ertaga esa o‘choqqa tashlanadigan dala o‘tini Xudo shunday bezagan bo‘lsa, nahotki sizlarni kiyintirmasa, ey imoni sustlar?! Shunday ekan, nima yeymiz, nima ichamiz, nima kiyamiz, deb tashvishlanib yurmanglar. Butparastlar hadeb bu narsalarning tashvishida yuradilar. Lekin osmondagi Otangiz bularning hammasiga muhtoj ekaningizni biladi–ku! Sizlar avvalo Xudoning Shohligi va Uning irodasi payida bo‘linglar, shunda bularning hammasi sizga beriladi. Xullas, ertangi kun uchun tashvish tortmanglar. Ertaning tashvishi ertaning o‘ziga tegishlidir. Har bir kunning g‘am–tashvishi o‘ziga yetadi.” “Boshqalarni hukm qilishni bas qilinglar, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi. Sizlar boshqalarni qanday hukm qilsangizlar, Xudo ham sizlarni xuddi shunday hukm qiladi. Sizlar boshqalarni hukm qilganda qanday o‘lchovdan foydalansangizlar, Xudo ham sizni hukm qilganda xuddi o‘shanday o‘lchovdan foydalanadi. Nega sen birodaringning ko‘zidagi zirapchani ko‘rasan–u, o‘z ko‘zingdagi xodani sezmaysan? O‘z ko‘zingda xoda bo‘la turib, qanday qilib birodaringga: “Kel, ko‘zingdagi zirapchani olib tashlaylik”, — deb aytasan? Hoy, ikkiyuzlamachi! Oldin ko‘zingdagi xodani chiqarib ol, shunda ko‘zing tiniq ko‘radi va birodaringning ko‘zidan zirapchani chiqara olasan. Muqaddas bo‘lgan narsani itlarga bermang, marvaridlaringizni cho‘chqalar oldiga tashlamang. Aks holda, ular muqaddas narsalaringizni oyoq osti qilib, o‘zingizni ham tilka–pora qiladilar!” “So‘rang, sizga beriladi. Izlang, topasizlar. Taqillating, eshik ochiladi. Chunki so‘ragan har bir odam oladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi. Orangizdan qaysi bir ota o‘g‘li non so‘raganda, unga tosh beradi? Yoki baliq so‘raganda, unga ilon beradi? Sizlar gunohkor bo‘la turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera olar ekansiz, osmondagi Otangiz ham Undan so‘raganlarga a’lo ne’matlar berishga qanchalar tayyor! Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar. Tavrot va payg‘ambarlar ta’limotining mag‘zi shundadir.” “Tor eshikdan kiringlar! Chunki halokatga olib boradigan darvoza enli, yo‘li ham kengdir. Bu yo‘ldan yurayotganlar ko‘p. Hayotga olib boradigan eshik esa juda tor, yo‘li ensizdir. Bu yo‘lni topadiganlar oz.” “Soxta payg‘ambarlardan ehtiyot bo‘linglar! Ular sizning oldingizga qo‘y po‘stinida keladilar, lekin ichlaridan yirtqich bo‘rilardir. Ularning kimligini qilgan ishlaridan bilib olasiz. Axir, tikanzordan uzumni, yantoqdan anjirni terib bo‘lmaydi–ku! Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi. Yaxshi daraxt yomon meva berolmaydi, yomon daraxt ham yaxshi meva berolmaydi. Yaxshi meva bermaydigan har bir daraxt esa kesilib, olovga tashlanadi. Shunday qilib, soxta payg‘ambarlarni mevalaridan bilib olasizlar. Meni “ Yo Rabbiy, yo Rabbiy!” deb chaqirgan har kim Osmon Shohligiga kiravermaydi. U yerga faqat osmondagi Otamning irodasini bajargan odamlargina kiradi. Qiyomat kunida ko‘plar Menga shunday deydilar: “Yo Rabbiy, yo Rabbiy, biz Sening noming bilan va’z qilgan edik! Sening noming bilan jinlarni quvib chiqargandik! Sening noming bilan ko‘p mo‘jizalar qilgan edik–ku!” Men esa ularga deyman: Men sizlarni aslo tanimayman! Yo‘qolinglar, ey badkirdorlar!” “Kim Mening bu so‘zlarimni eshitib, ularga amal qilsa, uyini tosh ustiga qurgan dono odamga o‘xshaydi. Yomg‘ir yog‘ib, sellar toshib, shamollar esib, o‘sha uyni bosib qolibdi. Lekin tosh ustiga o‘rnatilgani uchun uy qulamabdi. Biroq kim Mening bu so‘zlarimni eshitib, ularga amal qilmasa, o‘z uyini qum ustiga qurgan ahmoq odamga o‘xshaydi. Yomg‘ir yog‘ib, sellar toshib, shamollar esib, o‘sha uyni bosib qolibdi. Uy qulab, butunlay vayron bo‘libdi!” Iso bu gaplarini aytib bo‘lgandan keyin, olomon Uning ta’limotidan hayratga tushdi. Chunki Iso Tavrot tafsirchilariday emas, balki hokimiyat egasiday ta’lim berar edi. Iso tog‘dan tushganda katta bir olomon Uning orqasidan ergashdi. Shu orada teri kasalligiga chalingan bir odam Isoning oldiga keldi. U tiz cho‘kib, dedi: — Hazrat, bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan Siz poklay olasiz. Iso qo‘lini uzatib, unga tekkizdi–da: — Istayman, pok bo‘l! — dedi. Teri kasalligiga chalingan odam shu zahoti dardidan forig‘ bo‘ldi. Iso unga dedi: — Menga qara! Bu to‘g‘rida birovga og‘iz ocha ko‘rma. Borib, o‘zingni ruhoniyga ko‘rsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir. Iso Kafarnahum shahriga kirib kelganda, bir Rim yuzboshisi Uning oldiga kelib, yolvordi: — Hazrat, xizmatkorim uyda to‘shakka mixlanib yotibdi. U qattiq azob chekyapti. — Mayli, Men borib, xizmatkoringizni sog‘aytiraman, — dedi Iso. Yuzboshi shunday dedi: — Hazrat! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sog‘ayib ketadi. Men o‘zim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qo‘lim ostida askarlarim bor. Biriga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi. Iso yuzboshining bu gapini eshitib, hayratlandi. U orqasidan ergashib kelayotganlarga dedi: — Sizlarga chinini aytayin: Men Isroilda bunday kuchli imonga ega bo‘lgan bironta odamni uchratmadim. Sizlarga shuni aytaman: ko‘p odamlar sharqu g‘arbdan kelib, Ibrohim, Is’hoq va Yoqub bilan birga Osmon Shohligida ziyofatga o‘tiradilar. Osmon Shohligining merosxo‘rlari esa tashqaridagi zulmatga quvib chiqariladi. Ular u yerda qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadilar. Keyin Iso yuzboshiga dedi: — Boring, siz ishonganingizday bo‘lsin. Yuzboshining xizmatkori o‘sha zahoti sog‘ayib ketdi. Iso Butrusning uyiga kelganda, uning qaynanasi isitmalab, to‘shakda yotganini ko‘rdi. Iso uning qo‘liga tegishi bilan isitmasi tushdi. Ayol turib, Unga xizmat qildi. Kech kirganda Isoning oldiga jin chalgan ko‘plab odamlarni olib kelishdi. U so‘z bilan jinlarni quvib chiqardi, xasta odamlarning hammasiga shifo berdi. Shu tariqa Ishayo payg‘ambarning quyidagi aytgan so‘zi bajo bo‘ldi: “Dardlarimizni u o‘ziga oldi, Og‘riqlarimizdan bizni forig‘ qildi.” Iso atrofida bir talay olomonni ko‘rib, shogirdlariga ko‘lning narigi tomoniga o‘tishni buyurdi. Shu payt Tavrot tafsirchisi Isoning oldiga kelib dedi: — Ustoz, qayerga borsangiz ham, men ortingizdan boraman. Iso unga shunday dedi: — Tulkilarning uyalari bor, qushlarning inlari bor. Inson O‘g‘lining esa bosh qo‘yadigan joyi yo‘q. Shogird bo‘lgan boshqa bir odam esa Isoga: — Hazrat, ijozat bering, avval borib otamni dafn qilib kelay, — dedi. Iso esa Unga dedi: — Sen ortimdan yur. Marhumlarni ruhan o‘lik bo‘lganlar dafn qilsinlar. Iso qayiqqa tushdi, shogirdlari ham Unga ergashib, qayiqqa tushdilar. Shu orada ko‘lda bo‘ron ko‘tarildi, to‘lqinlar qayiqni suvga to‘ldira boshladi. Iso esa uxlayotgan edi. Shunda shogirdlari Isoning oldiga borib: — Hazrat, bizni qutqaring! Halok bo‘lyapmiz! — deb Isoni uyg‘otdilar. Iso ularga dedi: — Nega qo‘rqyapsizlar, ey imoni sustlar? So‘ng turib, shamolga va to‘lqinlarga do‘q urdi. Shu ondayoq chuqur sukunat cho‘kdi. Qayiqdagilar hayratlanib, bir–biriga: — Bu kim bo‘ldi ekan–a? Hatto shamol va to‘lqinlar Unga bo‘ysunadi–ya! — deyishdi. Iso ko‘lning narigi qirg‘og‘iga, Gadara shahrining yaqiniga yetib bordi. Shunda jinga chalingan ikki odam qabrlar orasidan yugurib chiqib, Isoni qarshilashdi. Ular shunchalik vahshiy edilarki, bironta odam u yerdan o‘ta olmasdi. Ular shunday deb baqirishdi: — Ey Xudoning O‘g‘li! Bizni tinch qo‘y! Sen bizga vaqtidan oldin azob bergani bu yerga keldingmi? Ulardan nariroqda katta bir cho‘chqa podasi oziqlanayotgan edi. Jinlar Isoga yolvorib: — Agar bizlarni quvib chiqaradigan bo‘lsang, unda cho‘chqa podasiga yuborgin, — deyishdi. Iso ularga: — Boringlar! — deyishi bilanoq, jinlar odamlar ichidan chiqib, cho‘chqalarning ichiga kirib olishdi. Shu onda butun cho‘chqa podasi tik qiyalikdan ko‘lga yopirilib, suvda nobud bo‘ldi. Cho‘chqa boquvchilar esa qochib shaharga bordilar. Jinga chalinganlar bilan bo‘lib o‘tgan hodisani hammaga gapirib berdilar. Shunda butun shahar aholisi Isoning oldiga bordi. Uni ko‘rgach, yurtimizdan chiqib ket, deb o‘tinib so‘radilar. Iso qayiqqa tushib, ko‘lning narigi tomonidagi Kafarnahum shahriga suzib bordi. U o‘sha paytda Kafarnahumda yashardi. Iso shaharga kirishi bilanoq bir necha kishi Uning oldiga to‘shakda yotgan bir shol odamni ko‘tarib keldilar. Iso ularning ishonchini ko‘rib, sholga: — Dadil bo‘l, o‘g‘lim, gunohlaring kechirildi, — dedi. Shunda Tavrot tafsirchilaridan ba’zilari o‘zlaricha: “Bu Odam kufrlik qilyapti–ku!” — deyishdi. Ularning bu o‘y–fikrlarini bilgan Iso dedi: — Nega sizlar bunday yomon narsalarni o‘ylaysizlar? Qaysi biri osonroq? “Gunohlaring kechirildi!” deb aytishmi, yoki: “O‘rningdan turib yur!” deb aytishmi? Inson O‘g‘liga yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar. Iso shunday dedi–yu, sholga: — O‘rningdan tur! To‘shagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi. Shol o‘rnidan turib, uyiga ketdi. Olomon bu voqeani ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Ular inson zotiga bunday hokimiyat bergan Xudoni ulug‘ladilar. Iso yo‘lda davom etarkan, soliq yig‘adigan joyda o‘tirgan Mattoni ko‘rib qoldi. Iso unga: — Ortimdan yur! — dedi. Matto o‘rnidan turib, Isoga ergashdi. Bir ozdan keyin Iso Mattoning uyida mehmon bo‘ldi. Ko‘p soliqchilar va gunohkorlar kelib, Iso va Uning shogirdlari bilan birga dasturxon atrofiga o‘tirdilar. Farziylar buni ko‘rib, Isoning shogirdlaridan: — Nega Ustozingiz soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb–ichib o‘tiribdi? — deb so‘radilar. Iso bu gapni eshitib, ularga shunday javob berdi: — Sog‘lar emas, xastalar tabibga muhtojdir. Boringlar–da, Tavrotdagi: “Men qurbonlik emas, rahm–shafqat istayman”, degan oyatning ma’nosini o‘rganib kelinglar. Axir, Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman. Bir kuni Yahyoning shogirdlari Isoning oldiga kelib, shunday savol berdilar: — Bizlar va farziylar ko‘p ro‘za tutamiz, nega Sizning shogirdlaringiz ro‘za tutmaydilar? Iso ularga dedi: — Kuyov davrada bo‘lganda to‘ydagi mehmonlar qayg‘uradimi? Biroq ular kuyovdan judo bo‘ladigan kunlar keladi, ana o‘shanda ro‘za tutadilar. Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Chunki yangi yamoq eski kiyimni battar yirtib yuboradi. Shuningdek, yangi sharobni ham eski meshga quymaydilar. Chunki mesh yorilib ketadi, sharob ham to‘kiladi, mesh ham nobud bo‘ladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quyadilar, shunda unisi ham, bunisi ham saqlanib qoladi. Iso ularga bu so‘zlarni aytib turganda, bir sinagoga oqsoqoli kelib qoldi. U Isoning oldida tiz cho‘kib, shunday deb yolvordi: — Qizim hozirgina vafot etdi. Yuring, qizimga qo‘lingizni tekkizing, u tirilib ketadi. Iso o‘rnidan turib, shogirdlari bilan o‘sha odamning orqasidan bordi. Shu payt o‘n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol Isoning orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qo‘l tekkizdi. U o‘zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam, sog‘ayib ketaman”, — deb o‘ylagan edi. Iso orqasiga o‘girildi. Ayolni ko‘rib, dedi: — Dadil bo‘l, qizim, ishonching seni sog‘aytirdi. Ayol shu zahoti dardidan xalos bo‘ldi. Iso sinagoga oqsoqolining uyiga yetib borganda, nay chaluvchilarni va dod–faryod qilayotgan olomonni ko‘rdi. Iso: — Hammalaringiz chiqinglar! — deb buyurdi. — Qizcha o‘lmagan, u uxlab yotibdi. Odamlar Isoning ustidan kulishdi. Olomon tashqariga chiqarilgandan so‘ng Iso ichkariga kirib, qizchaning qo‘lidan ushladi. Qizcha o‘rnidan turib ketdi. Bu xabar butun atrofga yoyildi. Iso u yerdan jo‘nab ketayotganda, ikki ko‘r Uning orqasidan ergashgancha dod solib: — Ey Dovud O‘g‘li Iso, bizlarga rahm qiling! — deb faryod qilishardi. Iso uyga kirganda, ko‘rlar Uning yoniga kelishdi. Iso ulardan so‘radi: — Sizlarga shifo bera olishimga ishonasizlarmi? — Ha, Hazrat! — deb javob berishdi ular. Shunda Iso ularning ko‘zlariga qo‘lini tekkizib: — Sizlarning ishonchingizga yarasha bo‘lsin, — dedi. Ularning ko‘zlari ochilib ketdi. Iso ularga: — Buni hech kim bilmasin! — deb qat’iy ogohlantirdi. Ammo ular o‘sha yerdan chiqiboq, butun atrofga Iso haqida ovoza qildilar. Ular ketgandan keyin, Isoning oldiga jin chalgan bir soqovni olib kelishdi. Iso jinni quvib chiqargandan keyin, soqov tilga kirdi, xalq esa hayratda qolib: — Isroilda bunday hodisa hech qachon bo‘lmagan, — dedi. Ammo farziylar shunday derdilar: — U ins–jinslar hukmdorining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti. Iso hamma shaharu qishloqlarga borib, sinagogalarda ta’lim berardi, Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni e’lon qilib, odamlarning turli xastaligu dardlariga shifo berardi. Iso olomonni ko‘rib, ularga achinib ketdi, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarday dovdiragan va holdan toygan edilar. Shunda Iso shogirdlariga dedi: — Hosil mo‘l, ammo ishchilar oz. Shuning uchun hosil Egasidan: “Hosilingni yig‘ib olishga yana ishchilar yubor”, deb so‘ranglar. Iso O‘zining o‘n ikki havoriysini yoniga chaqirib, ularga yovuz ruhlarni quvib chiqarish va har qanday dardu xastaliklarni sog‘aytirish qudratini berdi. Bu o‘n ikki havoriyning ismlari quyidagichadir: birinchisi Butrus deb atalgan Shimo‘n, uning ukasi Idris, Zabadiyning o‘g‘illari Yoqub va Yuhanno, Filip, Bartolomey, To‘ma, soliqchi Matto, Alfey o‘g‘li Yoqub, Taddey, vatanparvar Shimo‘n va Isoga xoinlik qilgan Yahudo Ishqariyot. Iso o‘n ikki havoriyni jo‘natayotib, ularga quyidagicha ko‘rsatmalar berdi: “G‘ayriyahudiylar yashaydigan joylarga oyoq bosmanglar, Samariyaliklarning shaharlariga kirmanglar. Aksincha, adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar. Borganlaringizda: “ Osmon Shohligi yaqinlashdi”, deb e’lon qilinglar. Xastalarni sog‘aytiringlar, o‘liklarni tiriltiringlar, teri kasalligiga chalinganlarni pok qilinglar, jinlarni quvib chiqaringlar. Tekin oldingizlar, tekin beringlar. Belbog‘laringizga oltin, kumush, hatto mis chaqa ham qistirib olmanglar. Yo‘lga to‘rva ham, qo‘shimcha kiyim ham, choriq ham, hassa ham olmanglar. Chunki mehnatkash o‘zining non–nasibasiga munosibdir. Qaysi shahar yoki qishloqqa kirsangiz, u yerda munosib odamni topib, ketguningizcha o‘sha odamning uyida turinglar. Uyga kirganingizda: “Xonadoningizda tinchlik–omonlik bo‘lsin”, deb aytinglar. Agar u munosib xonadon bo‘lsa, siz tilagan tinchlik o‘sha xonadonda qoladi. Agarda munosib bo‘lmasa, tilagan tinchligingiz o‘zingizga qaytib keladi. Agar kim sizni qabul qilmasa va so‘zlaringizga quloq solmasa, o‘sha uydan yoki shahardan chiqib ketayotganingizda oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar. Sizga chinini aytaman: qiyomat kunida o‘sha shaharning holi Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarining holidan ham battar bo‘ladi.” “Men sizlarni bo‘rilar orasiga qo‘ylarday yuboryapman. Sizlar ilonday ziyrak, kaptarday oq ko‘ngil bo‘linglar. Insonlardan ehtiyot bo‘linglar. Chunki ular sizlarni mahkamalarga topshirib, sinagogalarda kaltaklaydilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va shohlar huzuriga olib boradilar, sizlar esa ularga va g‘ayriyahudiylarga Men haqimdagi Xushxabarni aytasizlar. Sizlarni mahkamaga olib borishganda: “Qanday gapiramiz, nima aytamiz”, deb xavotir olmanglar. Nimani gapirishlaringiz o‘sha vaqtda sizlarga bildiriladi. O‘shanda sizlar emas, balki Otangizning Ruhi sizlar orqali gapiradi. Aka ukasini, ota bolasini o‘limga topshiradi. Bolalar o‘z ota–onalariga qarshi chiqib, ularni o‘ldirtiradilar. Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi. Agar sizlarni bir shaharda quvg‘in qilsalar, boshqasiga qochib boringlar. Sizlarga chinini aytayin: sizlar Isroilning shaharlarini aylanib chiqishga ulgurmasingizdan, Inson O‘g‘li qaytib keladi. Shogird ustozidan ustun emas, qul ham o‘zining xo‘jayinidan ustun emas. Shogird ustoziday, qul xo‘jayiniday bo‘lsa kifoya. Agar uy egasini Baalzabul, ya’ni ins–jinslar hukmdori, deb atagan bo‘lishsa, uy ahlini undan battar nom bilan atashadi!” “Shunday bo‘lsa–da, odamlardan qo‘rqmanglar! Axir, har qanday yashirin narsa ma’lum bo‘ladi, har qanday sir ochiladi. Sizga qorong‘ida gapirayotganlarimni yorug‘da aytinglar. Qulog‘ingizga shivirlab aytganlarimni uylarning tomi ustidan baqirib, e’lon qilinglar. Tanani o‘ldirib, jonni o‘ldira olmaydiganlardan qo‘rqmanglar. Xudodan qo‘rqinglar! Chunki U jonni ham, tanani ham do‘zaxda halok etishga qodir. Ikkita chumchuq bir tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham Otangizning xohishisiz yerga tushmaydi. Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. Shuning uchun qo‘rqmanglar, sizlar ko‘plab chumchuqlardan qadrliroqsizlar.” “Kim Meni insonlar oldida tan olsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni tan olaman. Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni rad etaman. Meni yer yuziga tinchlik olib kelgan, deb o‘ylamanglar. Men tinchlik emas, qilich olib kelganman. O‘g‘ilni otasidan, qizni onasidan, kelinni qaynanasidan ajratish uchun kelganman. Insonning dushmanlari o‘z uyidagilar bo‘ladi. Kimki otasini yoki onasini Mendan ortiq yaxshi ko‘rsa, Menga loyiq emas. Kimki o‘g‘lini yoki qizini Mendan ortiq yaxshi ko‘rsa, Menga loyiq emas. Kimki o‘z xochini olib, ortimdan yurmasa, Menga loyiq emas. O‘z jonini ayamoqchi bo‘lgan uni yo‘qotadi. Men uchun jonini bergan esa, uni asrab qoladi. Sizni qabul qilgan odam Meni qabul qilgan bo‘ladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo‘ladi. Kimki payg‘ambarni payg‘ambar bo‘lgani uchun qabul qilsa, payg‘ambarga munosib mukofotni oladi. Kimki solih odamni solih bo‘lgani uchun qabul qilsa, solihga munosib mukofotni oladi. Agar siz shogirdlarimning eng kichigiga u Mening shogirdim bo‘lgani uchun bir piyola sovuq suv bersangiz, albatta mukofotingizni olasiz, deb sizga chinini aytaman.” Iso o‘n ikki shogirdiga ko‘rsatmalarni berib bo‘lgandan keyin, yaqin atrofdagi shaharlarda ta’lim berish va va’z aytish uchun ketdi. Yahyo bu paytda zindonda edi, u Isoning qilayotgan ishlarini eshitib, shogirdlarini Isoning oldiga shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi: — Boringlar, ko‘rib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar: ko‘rlar ko‘rmoqda, cho‘loqlar yurmoqda, teri kasalligiga chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, o‘liklar tirilmoqda, yo‘qsillar Xushxabarni eshitmoqda. Mendan yuz o‘girmaganlar naqadar baxtlidir!” Yahyoning shogirdlari ketayotganlarida, Iso olomonga Yahyo haqida gapirdi: “Sahroga nimani ko‘rgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? Xo‘sh, nimani ko‘rgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Bashang kiyinganlar shoh saroyida bo‘ladi–ku! Unday bo‘lsa, nimani ko‘rgani bordingizlar? Payg‘ambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar payg‘ambardan ham ulug‘ini ko‘rdingizlar! U haqda shunday yozilgan: “Mana, Sendan oldin Men O‘z elchimni yuboryapman, U Sen uchun yo‘lni hozirlaydi.” Sizlarga chinini aytay: butun inson zoti orasida Yahyo cho‘mdiruvchidan ulug‘i yo‘q. Ammo Osmon Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulug‘roqdir. Yahyo cho‘mdiruvchi davridan shu kungacha odamlar Osmon Shohligiga shafqatsiz hujum qilmoqdalar. Zo‘ravonlar Osmon Shohligini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqdalar. Yahyo cho‘mdiruvchidan oldin bo‘lgan hamma payg‘ambarlarning bitiklarida va Tavrot kitobida Osmon Shohligi haqida bashorat qilingan. Agar bu bashoratlarga ishonishni istasangizlar, Yahyo — kelishi bashorat qilingan Ilyosdir. Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin! Bu naslni kimga qiyoslasam bo‘ladi? Ular bolalarga o‘xshaydilar, maydonda o‘tirib olib, shunday deya bir–birlariga baqiradilar: “Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz, Biz oh–voh qildik, ammo sizlar qayg‘urmadingiz.” Yahyo kelganda, u na yedi, na ichdi, shuning uchun hamma: “Uni jin uribdi”, deydilar. Inson O‘g‘li kelganda esa ham yedi, ham ichdi. Ammo Uni: “Yebto‘ymas, sharobxo‘r, soliqchilar va gunohkorlarning do‘sti”, deydilar. Biroq donolik to‘g‘ri ekanligi o‘z natijasidan ayon.” Iso ba’zi shaharlarda ko‘p mo‘jizalar ko‘rsatgandi, ammo xalq o‘z gunohlari uchun tavba qilmadi. Iso o‘sha shaharlar aholilariga ta’na qildi: “Sening holingga voy, ey Horazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda qilingan mo‘jizalar Tir bilan Sidon shaharlarida qilinganda edi, ular allaqachon qanorga o‘ranib, boshlariga kul sochib, tavba qilgan bo‘lardilar. Biroq sizlarga aytayin: qiyomat kunida sizning holingiz Tir va Sidonning holidan battar bo‘ladi. Ey Kafarnahum! Xudo seni ko‘klarga ko‘taradi deb o‘ylaysanmi?! Yo‘q, U seni tubsiz chuqurlikka uloqtiradi! Agar senda yuz bergan mo‘jizalar Sado‘mda bo‘lganda edi, u shahar shu kungacha saqlanib qolgan bo‘lar edi. Biroq senga aytayin: qiyomat kunida sening holing Sado‘m shahrining holidan battar bo‘ladi.” O‘sha vaqtda Iso yana shunday dedi: “Ey Ota, yeru osmonning Egasi! Sen bu ishlarni donolaru idroklilardan yashirib, go‘daklarga ma’lum etganing uchun Senga shukrlar aytaman. Ha Ota, bu Sening ezgu xohishing edi. Otam hamma narsani Mening ixtiyorimga topshirgan. O‘g‘ilni Otadan boshqa hech kim bilmaydi. Otani ham O‘g‘ildan boshqa va O‘g‘il ayon qilishni istagan odamdan boshqa hech kim bilmaydi. Ey holdan toyganlar, og‘ir yuk ostida qolganlar, hammalaringiz Mening oldimga kelinglar! Men sizlarga orom beraman. Mening bo‘yinturug‘imni taqib olinglar, Mendan o‘rganinglar. Chunki Men yumshoq ko‘ngil va kamtarinman. Shunda sizlarning jonlaringiz orom topadi. Axir, Mening bo‘yinturug‘im qulay, yukim yengildir.” Oradan ko‘p o‘tmay Iso Shabbat kuni bug‘doyzordan o‘tib borayotgan edi. Och qolgan shogirdlari boshoqlardan uzib, donlarini yeyardilar. Farziylar buni ko‘rib, Isoga: — Qara, shogirdlaring Shabbat kuni qonunga xilof ishni qilyaptilar! — deyishdi. Iso ularga dedi: — Dovud hamrohlari bilan och qolganda nimalar qilganini nahotki sizlar hech o‘qimagan bo‘lsangizlar?! U Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni yegan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar yeyishga haqli edilar. Dovudga va uning hamrohlariga bunday nonlarni yeyish taqiqlangan edi! Yoki Shabbat kunida Ma’baddagi ruhoniylar Shabbat qonunini buzsalar ham, aybdor bo‘lmasliklarini Tavrotda o‘qimaganmisizlar? Sizlarga shuni aytay: bu yerda Ma’baddan ham ulug‘ bir Zot turibdi. Agar sizlar: “Men qurbonlik emas, rahm–shafqatni istayman”, degan so‘zlarning ma’nosini tushunganingizda edi, aybsiz odamlarni hukm qilmagan bo‘lar edingizlar. Zotan Inson O‘g‘li Shabbat kunining ham Hokimidir. Iso bu yerdan ketib, sinagogaga bordi. U yerda qo‘li shol bir odam bor edi. Isoni ayblamoqchi bo‘lgan ba’zi odamlar Unga shunday savol berdilar: — Qonunga ko‘ra Shabbat kuni xastalarga shifo berish mumkinmi? Iso ularga shunday javob berdi: — Agar bir dona qo‘yingiz bo‘lsayu, o‘sha qo‘yingiz Shabbat kuni chuqurga tushib ketsa, uni chiqarib olmasmidingiz?! Odam esa qo‘ydan ancha qadrliroq–ku! Shunga ko‘ra, Shabbat kuni yaxshilik qilish qonunga muvofiqdir. Iso qo‘li shol odamga: — Qo‘lingni uzat! — dedi. U qo‘lini uzatishi bilanoq, qo‘li narigi qo‘liday soppa–sog‘ bo‘lib qoldi. Farziylar esa tashqariga chiqib, Isoni halok qilish uchun til biriktirishdi. Iso farziylarning bu niyatini bilib, u yerdan ketdi. Bir talay olomon Isoga ergashdi. U xastalarning hammasiga shifo berib, “Mening kimligimni aytmanglar!” deb ularga buyurardi. Shu tariqa Ishayo payg‘ambarning aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘ldi: Mana Mening qulim, O‘zim uni tanlab olganman. U ko‘nglimni mamnun etgan suyukligimdir. Men unga O‘z Ruhimni beraman, U adolatni elatlarga e’lon qiladi. Janjallashmaydi, baqirmaydi, Ko‘chalarda hech kim uning ovozini eshitmaydi. U ezilgan qamishni sindirmaydi, Tutayotgan pilikni o‘chirmaydi, Qat’iyat bilan adolat o‘rnatadi. Elatlar Uning ismiga umid bog‘laydi.” Shundan so‘ng Isoning oldiga jin chalgan bir odamni olib kelishdi. U ham ko‘r, ham soqov edi. Iso unga shifo bergach, u gapiradigan va ko‘radigan bo‘ldi. Butun xalq hayratda qolib: “Bu Dovudning O‘g‘li emasmikan?!” — derdi. Bu voqeani eshitgan farziylar esa shunday dedilar: “U ins–jinslar hukmdori Baalzabulning kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti.” Iso ularning nima haqida o‘ylayotganini bilib turardi. U shunday dedi: “O‘z ichidan bo‘linib ketgan har bir shohlik huvullab qoladi, o‘z ichidan bo‘lingan shahar ham, xonadon ham barbod bo‘ladi. Agar shayton shaytonni quvib chiqarsa, uning shohligi o‘zaro bo‘lingan bo‘ladi. Bunday shohlik qanday tura oladi?! Agar Men jinlarni Baalzabulning kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo‘lsam, u holda o‘z sheriklaringiz kimning kuchi bilan jinlarni quvib chiqarishyapti? Shu sababdan ham ular sizlarni hukm qiladi. Agar Men jinlarni Xudoning Ruhi bilan quvayotgan bo‘lsam, demak, Uning Shohligi sizlarga ham kelgan. Kim kuchli odamning uyiga bostirib kirib, uning mol–mulkini talon–taroj qila oladi? Avval u uyning egasini bog‘lab qo‘yishi kerak, keyingina uyini talon–taroj qila oladi. Kim Men tomonda bo‘lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig‘masa, sochadi. Shuning uchun sizlarga aytaman: insonlarning har qanday gunohi va kufrligi kechiriladi. Lekin Muqaddas Ruhga kufrlik qilganlar kechirilmaydi. Kim Inson O‘g‘liga qarshi so‘z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga qarshi so‘z aytsa, ikki dunyoda ham kechirilmaydi. Yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi. Har bir daraxtning qandayligini mevasidan bilsa bo‘ladi. Voy ilonlar zoti! Sizlar yovuz bo‘la turib, yaxshi narsa gapira olarmidingiz?! Axir, odamning dili nimaga to‘lib–toshsa, o‘sha tiliga chiqadi! Yaxshi odam yuragining ezgulik xazinasidan yaxshilik chiqaradi, yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqaradi. Yana shuni aytib qo‘yay: sizlar aytadigan har bir bema’ni so‘zingiz uchun qiyomat kunida hisob berasizlar. Sizlar o‘z so‘zlaringiz asosida yo oqlanasizlar, yoki ayblanasizlar.” Shunda Tavrot tafsirchilari va farziylardan ba’zilari Isoga: “Ustoz, bizga bir alomat ko‘rsatishingizni xohlar edik”, — dedilar. Iso ularga javoban dedi: “Bu qabih va bevafo nasl alomat so‘rayapti, ammo ularga Yunus payg‘ambarning alomatidan boshqa alomat berilmaydi. Yunus uch kechayu kunduz dengiz mahluqining qornida bo‘lganiday, Inson O‘g‘li ham uch kechayu kunduz yer bag‘rida bo‘ladi. Naynavo aholisi qiyomat kunida o‘rnidan turib, bu naslni mahkum etadi. Chunki ular Yunusning va’zini eshitganlarida, tavba qilgan edilar. Bu yerda esa Yunusdan ham buyukroq bir Zot turibdi! Janub malikasi qiyomat kunida o‘rnidan turib, bu naslning odamlarini mahkum etadi. Chunki Sulaymonning dono ta’limotini tinglagani malika dunyoning u chetidan kelgan edi. Bu yerda esa Sulaymondan ham buyukroq bir Zot turibdi! Yovuz ruh insondan chiqqandan keyin, huzur–halovat izlab, suvsiz yerlarni kezadi, lekin topmaydi. So‘ng: “Chiqqan uyimga qaytib boraman”, deydi. Uyiga kelganda, uyni kimsasiz, supurilgan va yig‘ishtirilgan holda ko‘radi. Shunda borib, o‘zidan ham yovuzroq boshqa yettita ruhni ergashtirib keladi va ular bilan uyga kirib, joylashib oladi. Oxir–oqibat o‘sha odamning ahvoli oldingidan ham battar bo‘ladi. Bu yovuz nasl ham xuddi o‘sha ko‘yga tushadi.” Iso olomonga gapirayotganda, onasi bilan ukalari Uni tashqarida kutib turgan edilar. Ular Iso bilan gaplashmoqchi edilar. Kimdir Isoga dedi: — Onangiz bilan ukalaringiz tashqarida turishibdi, ular Siz bilan gaplashmoqchi. Iso esa bu gaplarni aytgan odamga shunday javob berdi: — Mening onam kim? Ukalarim kim? So‘ng qo‘li bilan shogirdlarini ko‘rsatib, dedi: — Mana, Mening onam va aka–ukalarim! Osmondagi Otamning irodasini bajo keltirganlar Mening aka–ukam, opa–singlim va onam bo‘ladi. O‘sha kuni Iso uydan chiqib, ko‘l bo‘yiga borib o‘tirdi. Uning atrofida shu qadar ko‘p olomon to‘plandiki, U qayiqqa tushib, o‘tirishga majbur bo‘ldi. Olomon esa ko‘l qirg‘og‘ida turardi. Iso masal orqali xalqqa ko‘p narsalarni o‘rgatdi: “Quloq solinglar! Bir dehqon urug‘ sepgani chiqibdi. U urug‘ sepayotganda ba’zi urug‘lar so‘qmoq yo‘l ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urug‘larni cho‘qib ketibdi. Ba’zi urug‘lar tuprog‘i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq chuqur bo‘lmagani uchun, urug‘lar tez ko‘karib chiqibdi. Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi bo‘lmagani uchun so‘lib qolibdi. Boshqa urug‘lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o‘sib, urug‘larni bo‘g‘ib qo‘yibdi. Yana boshqa urug‘lar esa yaxshi tuproqqa tushibdi. Ba’zilari yuz, ba’zilari oltmish, ba’zilari esa o‘ttiz barobar ko‘p hosil beribdi. Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!” Shundan keyin shogirdlar kelib, Isodan so‘radilar: — Nega odamlarga masallar bilan gapiryapsiz? U shunday javob berdi: — Osmon Shohligining sirlarini bilish ularga emas, sizlarga berilgan. Zero, kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi va unda mo‘l–ko‘lchilik bo‘ladi. Ammo kimda yo‘q bo‘lsa, bori ham tortib olinadi. Odamlarga masallar bilan gapirayotganimning sababi shuki, ular qarab turib ko‘rmaydilar, quloq solib turib, eshitmaydilar va anglamaydilar. Ishayoning bashorati ularda bajo bo‘lgan: “Sizlar e’tibor berib tinglaysiz, Lekin hech qachon tushunmaysiz, Yaxshilab qarab turasiz, Ammo hech qachon anglamaysiz. Zero, bu xalqning aqli o‘tmas bo‘ldi, Quloqlari og‘irlashdi, Ular ko‘zlarini yumib olishdi. Toki ko‘zlari bilan ko‘rmasinlar, Quloqlari bilan eshitmasinlar, Aqllari bilan anglamasinlar, Tag‘in Menga qaytib, shifo topmasinlar.” Sizlar esa nihoyatda baxtlisizlar! Axir, sizlarning ko‘zlaringiz ko‘radi, quloqlaringiz eshitadi. Sizlarga chinini aytay: qanchadan–qancha payg‘ambarlar, qanchadan–qancha solih odamlar siz ko‘rganlarni ko‘rishni istaganlar, ammo ko‘rmaganlar. Sizlar eshitganlarni eshitishni ular istaganlar, ammo eshitmaganlar. “Urug‘ sepuvchi haqidagi masalning ma’nosini anglab olinglar. Osmon Shohligi to‘g‘risidagi kalomni eshitgan, ammo tushunib olmagan odamga yovuz shayton kelib, uning yuragiga ekilgan kalomni o‘g‘irlab ketadi. So‘qmoq yo‘l ustiga tushgan urug‘lar ana shularga ishoradir. Toshloq yerga sepilgan urug‘lar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar. Lekin ularning ildizi bo‘lmagani uchun uzoq vaqtga chidamaydilar. Kalom tufayli qiyinchilik yoki quvg‘inga duchor bo‘lishsa, darrov chekinadilar. Tikanlar orasiga sepilgan urug‘lar shunday odamlarni bildiradiki, ular Xudoning kalomini eshitadilar, lekin dunyoning tashvishlari va boylikka o‘chlik kalomni bo‘g‘ib qo‘yadi, kalom esa samarasiz qoladi. Yaxshi tuproqqa sepilgan urug‘lar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uning ma’nosini tushunib oladilar. Ularning ba’zilari yuz barobar, ba’zilari yetmish barobar va ba’zilari o‘ttiz barobar mo‘l hosil beradilar.” Iso ularga boshqa bir masal aytib berdi: “Osmon Shohligini o‘z dalasiga yaxshi urug‘ sepgan bir odamning vaziyatiga o‘xshatsa bo‘ladi. Hamma uxlab yotganda, dushman kelib, bug‘doyzorga begona o‘t urug‘ini sepib ketibdi. Bug‘doy o‘sib, boshoqlay boshlaganda, begona o‘tlar ham o‘sib chiqibdi. Xizmatkorlar kelib, xo‘jayinga aytibdilar: — Xo‘jayin, dalangizga yaxshi urug‘ ekkan edingiz–ku! Manavi begona o‘tlar qayoqdan paydo bo‘ldi ekan? — Bu — dushmanning ishi, — deb javob beribdi xo‘jayin. Xizmatkorlar xo‘jayinga: — Istasangiz, biz borib o‘sha o‘tlarni yulib tashlaymiz. — Yo‘q, — debdi u, — sizlar begona o‘tlarni yulayotganlaringizda, bug‘doyni ham qo‘shib yulib olishingiz mumkin. Mayli, o‘rim–yig‘im paytigacha bug‘doy bilan birga begona o‘tlar ham o‘saversin. Payti kelganda o‘roqchilarga: “Avval begona o‘tlarni yig‘ishtirib, bog‘langlar–da, yoqib yuboringlar, keyin bug‘doyni yig‘ishtirib, omborxonamga joylanglar”, deyman. Iso ularga yana boshqa bir masalni aytib berdi: “Osmon Shohligi bir odam o‘z bog‘iga sepgan xantal urug‘iga o‘xshaydi. Xantal urug‘larning eng maydasi bo‘lsa–da, o‘sib chiqqanda, hamma ko‘katlardan baland bo‘ladi. U shunday daraxt bo‘ladiki, qushlar uning shoxlariga uya quradi.” Iso ularga boshqa bir masalni ham aytib berdi: “ Xudoning Shohligi xamirturushga o‘xshaydi. Ayol bir bo‘lak xamirturushni uch tog‘ora unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.” Iso bularning hammasini olomonga masallar bilan gapirdi. Masalsiz ularga hech narsa to‘g‘risida gapirmasdi. Shunday qilib, payg‘ambarning quyidagi so‘zlari bajo bo‘ldi: “Og‘zimni masalga ochaman, Dunyo yaratilgandan beri sir saqlanganlarni Sizga e’lon qilaman.” Shundan keyin Iso olomon oldidan ketib, uyga kirdi. Shogirdlari Isoning oldiga kelib: — Begona o‘tlar haqidagi masalni bizga tushuntirib bering, — dedilar. Iso shunday javob berdi: — Yaxshi urug‘ sepuvchi Inson O‘g‘lidir. Dala olamdir, yaxshi urug‘lar — Osmon Shohligining odamlari, begona o‘tlar esa yovuz shaytonning odamlaridir. Begona o‘tlarni sepgan dushman — iblis, o‘rim–yig‘im — oxirzamon, o‘roqchilar esa farishtalardir. Begona o‘tlarni yig‘ishtirib, olovda yoqishganday, oxirzamonda ham xuddi shunday voqea yuz beradi. Inson O‘g‘li O‘z farishtalarini yuboradi. Farishtalar Uning Shohligidan gunohga undagan hammani va barcha badkirdorlarni yig‘ib oladilar. Ularni lovullab turgan o‘choqqa tashlaydilar. Badkirdorlar u yerda qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadilar. Shunda solihlar o‘z Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar. Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin! “Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga o‘xshaydi. Bir odam uni topib olibdi. Uni yana yashirib, xursand bo‘lganidan bor–yo‘g‘ini sotib, u dalani xarid qilibdi.” “Osmon Shohligi nodir marvarid izlayotgan bir savdogarga o‘xshaydi. Savdogar qimmatbaho marvaridni topganda, bor–yo‘g‘ini sotib, marvaridni xarid qilibdi.” “Osmon Shohligi baliqchilar dengizga tashlagan to‘rga o‘xshaydi. To‘rga turli xil baliqlar tutilibdi. To‘r to‘lgach, baliqchilar uni qirg‘oqqa tortib chiqarishibdi va o‘tirib, yaxshi baliqlarni savatlarga solishibdi, yomonlarini esa tashlab yuborishibdi. Oxirzamonda ham xuddi shunday bo‘ladi: farishtalar kelib, fosiqlarni solihlar orasidan ajratib olib, lovullagan o‘choqqa tashlaydilar. O‘choqqa tushganlar qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadilar.” Iso shogirdlaridan so‘radi: — Bularning hammasini tushundingizlarmi? — Tushundik, — deb javob berdi ular. Iso ularga dedi: — Shunday ekan, Osmon Shohligiga shogird tushgan har bir Tavrot tafsirchisi omboridan ham yangi, ham eski narsalarni olib chiqayotgan uy egasiga o‘xshaydi. Iso bu masallarni aytib bo‘lgach, u yerdan ketdi. U ona shahriga kelib, sinagogada odamlarga ta’lim berdi. Odamlar esa hayratga tushib dedilar: — Bu Odam shuncha donolikni va mo‘jiza ko‘rsatish qudratini qayerdan olgan ekan–a? Bu o‘sha duradgorning o‘g‘li emasmi?! Onasining ismi Maryam, ukalari Yoqub, Yusuf, Shimo‘n va Yahudo –ku! Uning singillari ham oramizda yashaydi! Bunday buyuk ishlarni U qanday qilar ekan–a? Odamlar Isodan qattiq xafa bo‘ldilar. Iso esa ularga dedi: — Payg‘ambar ona shahridan va o‘z uyidan boshqa hamma yerda izzatlanadi. Odamlarning ishonchsizligi tufayli, Iso u yerda hech qanday mo‘jiza ko‘rsatmadi. Shu orada viloyat hukmdori Hirod Iso to‘g‘risidagi xabarlarni eshitib, amaldorlariga dedi: — Bu Yahyo cho‘mdiruvchi ekanligi aniq! U tirilib kelgan, shuning uchun mo‘jizalar ko‘rsatish qudratiga ega. Uning bu gapni aytishiga sabab shu edi: bundan ancha vaqt oldin Hirod Yahyoni hibsga olgandi. U o‘z ukasi Filipning xotini Hirodiya dastidan Yahyoni kishanlab, zindonga tashlagan edi. Chunki Yahyo unga: “Bu xotin bilan yashashingiz qonunga zid”, — deb aytar edi. Hirod Yahyoni o‘ldirishni xohlagan bo‘lsa–da, xalqdan qo‘rqqan edi. Chunki odamlar Yahyoni payg‘ambar deb bilishardi. Xirodning tug‘ilgan kuni bo‘lganda, Xirodiyaning qizi o‘rtaga chiqib raqsga tushdi. Qizning raqsi Xirodga shunchalik yoqdiki, Xirod unga: “Ont ichaman, so‘ragan narsangni muhayyo qilaman”, deb va’da berdi. Qiz esa onasining gapiga kirib: — Menga Yahyo cho‘mdiruvchining boshini laganda keltirib bering! — dedi. Shoh aytgan gapidan afsus chekdi, ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini bajarishni buyurdi. U zindonga odam yuborib, Yahyoning boshini oldirdi. Uning boshini laganda keltirib qizga berdilar, qiz esa onasiga olib borib berdi. Yahyoning shogirdlari kelib, ustozning jasadini oldilar, uni dafn etdilar. So‘ng borib, Isoga xabar berdilar. Yahyo haqidagi xabarni eshitgandan keyin, Iso qayiqqa tushib, yolg‘iz O‘zi kimsasiz joyga suzib ketdi. Olomon esa bu haqda eshitib, shaharlardan piyoda Uning orqasidan ergashishdi. Iso qayiqdan chiqqanda, katta bir olomonni ko‘rdi. Ularga achinib ketib, xastalariga shifo berdi. Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech bo‘lib qoldi. Xalqni jo‘natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloqlarga borib, o‘zlariga yegulik sotib olishsin. Iso ularga dedi: — Ketishlariga hojat yo‘q, sizlar ularga ovqat beringlar. — Bizda bor–yo‘g‘i beshta non va ikkita baliq bor, — deb javob berdi shogirdlar. — O‘sha narsalarni Menga olib kelinglar, — dedi Iso. U odamlarga maysalar ustiga o‘tirishni buyurdi. So‘ng beshta non bilan ikkita baliqni oldi–da, osmonga qarab shukrona duosini o‘qidi. U nonlarni sindirib, shogirdlariga berdi, shogirdlar nonlarni odamlarga tarqatishdi. Hamma yeb to‘ydi. Ortib qolgan non burdalarini yig‘ib olishganda, to‘la o‘n ikki savat chiqdi. Ayollar va bolalarni hisobga olmaganda, taxminan besh mingga yaqin odam non yegan edi. Iso vaqt o‘tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, ko‘lning narigi tomoniga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib jo‘natib yubordi. U odamlarni ketqizib yuborgandan keyin, ibodat qilish uchun bir O‘zi tepalikka chiqdi. Oqshom tushdi, U hamon o‘sha yerda yolg‘iz edi. Qayiq esa qirg‘oqdan ancha uzoqlashib qolgandi. Shamol qayiqqa qarshi esayotgani uchun, to‘lqinlar qayiqqa kelib urilardi. Erta saharda Iso ko‘l ustida yurib, shogirdlari yoniga keldi. Shogirdlar esa ko‘l yuzida yurib kelayotgan Isoni ko‘rib, qattiq vahimaga tushishdi. Qo‘rqqanlaridan: — Bu arvoh–ku! — deb baqirib yuborishdi. Lekin Iso o‘sha zahoti ularga: — Dadil bo‘linglar! Qo‘rqmanglar, bu Menman! — dedi. Shunda Butrus: — Hazrat, agar haqiqatan bu Siz bo‘lsangiz, amr bering, men suv ustida yurib Sizning oldingizga boray, — dedi. Iso: — Kel! — dedi. Butrus qayiqdan chiqib, suv ustida yurgancha Iso tomon yo‘l oldi. Ammo shamolning kuchli ekanligidan qo‘rqib ketdi. U suvga cho‘ka boshlab: — Hazrat, meni qutqaring! — deb baqirdi. Iso shu zahoti qo‘lini cho‘zib, Butrusni ushladi–da: — Ey imoni sust, nega ikkilanding?! — dedi. Ular qayiqqa tushganlaridan keyin, shamol tindi. Qayiqdagilar Isoga sajda qilib: — Siz haqiqatan ham Xudoning O‘g‘lisiz! — dedilar. Ular ko‘ldan suzib o‘tib, Genisaret o‘lkasiga keldilar. U yerdagi odamlar Isoni tanidilar va atrofga xabar yuborib, hamma xastalarni Isoning oldiga olib keldilar. Xastalar Isodan: “Hech bo‘lmasa kiyimingizning etagiga qo‘l tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qo‘l tekkizganlarning hammasi shifo topishardi. Quddusdan farziylar va Tavrot tafsirchilari Isoning oldida kelib, shunday dedilar: — Nega Sizning shogirdlaringiz ota –bobolarimizning urf–odatlariga amal qilmayaptilar? Nega ovqatlanishdan oldin qo‘llarini yuvmaydilar? Iso ularga javob berib dedi: — O‘zlaringiz–chi? Nega o‘z urf–odatingizni deb, Xudoning amrini buzib yuribsizlar? Xudo: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xo‘rlagan har qanday odamga o‘lim jazosi berilsin”, deb aytgan. Ammo sizlar shunday ta’lim berasizlar: odam o‘z otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga in’om qilingan, — desa, — u ota–onasini hurmat qilmasa ham bo‘ladi.” Shu tariqa sizlar o‘z ta’limotingiz bilan Xudoning kalomini bekor qilyapsizlar. Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Ishayo payg‘ambar siz haqingizda to‘g‘ri aytgan: “Bu xalq Meni tildagina izzat qiladi, Yuraklari esa Mendan uzoqdir. Ular Menga sajda qiladilar, Ammo sajdalari behudadir. Chunki ular inson yaratgan qoidalarni Ilohiy qonun, deb o‘rgatadilar.” Keyin Iso xalqni yoniga chaqirib, dedi: — Menga quloq solib, tushunib olinglar! Og‘izga kiradigan narsa emas, balki og‘izdan chiqadigan narsa insonni harom qiladi. Shunda shogirdlar Isoning oldiga borib dedilar: — Aytgan bu gapingiz farziylarga qattiq botganini bildingizmi? Iso shunday javob berdi: — Osmondagi Otam o‘tqazmagan har qanday o‘simlik ildizi bilan sug‘urib tashlanadi. Farziylarga e’tibor bermanglar. Ular o‘zlari ko‘r va ko‘rlarga yo‘lboshchilik qiladilar. Agar ko‘r odam ko‘rni yetaklasa, ikkalasi ham chuqurga yiqilib tushadi. Shunda Butrus: — Xalqqa aytgan gapingizni bizga tushuntirib bering! — dedi. — Shunchalik ham befahm bo‘lasizlarmi?! — dedi Iso. — Og‘izga kiradigan har bir narsa qoringa o‘tib, kerakli joydan chiqib ketishini nahotki tushunmasangizlar? Ammo og‘izdan chiqadigan narsalar yurakdan chiqadi. Ana o‘shalar insonni harom qiladi. Chunki inson yuragidan yomon fikrlar, qotillik, fahshu zino, o‘g‘irlik, soxta guvohlik va tuhmat chiqadi. Ana shular insonni harom qiladi. Yuvilmagan qo‘l bilan ovqat yeyish esa insonni harom qilmaydi. Iso u yerdan ketib, Tir va Sidon hududlariga bordi. Shu yerda yashaydigan bir kan’onlik ayol Isoning oldiga kelib, faryod qildi: — Ey Hazrat, Dovudning O‘g‘li, menga rahm qiling! Qizimni jin chalgan, ahvoli yomon! Iso unga bir og‘iz so‘z ham javob bermadi. Shogirdlari Isoning oldiga kelib, iltimos qildilar: — Uni jo‘natib yuboring! Axir, u ketimizdan qolmay, dodlab yuribdi. Iso esa shunday dedi: — Xudo Meni faqat Isroil xalqining adashgan qo‘ylari oldiga yubordi. Ayol esa kelib, Isoning oldiga tiz cho‘kdi–da: — Yordam bering, Hazrat! — deb yolvordi. Iso esa: — Bolalardan nonni olib kuchuklarga tashlash yaxshi emas, — dedi. — To‘g‘ri, Hazrat, — dedi ayol. — Lekin kuchuklar ham xo‘jayinlarining dasturxonidan to‘kilgan ushoqlarini yeydi–ku. Shunda Iso: — Ey ayol, sening ishonching buyuk! — dedi. — Mayli, sen istaganingday bo‘lsin. Shu zahoti ayolning qizi sog‘ayib qoldi. Iso u yerdan chiqib, Jalila ko‘li bo‘ylab ketdi. So‘ng toqqa chiqib, o‘tirdi. Isoning oldiga bir talay olomon keldi. Ular o‘zlari bilan cho‘loq, ko‘r, mayib, soqov va boshqa ko‘plab xastalarni olib kelib, Isoning oyoqlari tomoniga o‘tqizdilar. Iso ularning hammasiga shifo berdi. Soqovlarning gapirganini, mayiblarning sog‘ayganini, cho‘loqlarning yurganini va ko‘rlarning ko‘zlari ochilganini xalq ko‘rib, hayratda qoldi. Ular Isroilning Xudosini olqishladilar. Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: — Xalqqa achinyapman. Ular uch kundan beri Men bilan birga, yeyishga hech narsasi yo‘q. Ularga ovqat bermay jo‘natib yuborishni xohlamayman, yo‘lda holdan toyib qolishlari mumkin. Shogirdlari Unga: — Shu qadar katta olomonni to‘ydirish uchun bu kimsasiz joyda qayerdan non olamiz?! — deyishdi. — Qancha nonlaringiz bor? — deb so‘radi Iso. — Yettita non va ozgina mayda balig‘imiz bor, — dedi shogirdlar. Shundan keyin Iso xalqqa yerga o‘tirishni buyurdi. Yettita non va baliqlarni olib, shukrona duosini o‘qidi. Non va baliqlarni sindirib, tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi. Hamma yeb to‘ydi. Ortib qolgan non burdalarini yig‘ishganda, to‘la yetti savat chiqdi. Bolalar bilan ayollarni hisobga olmaganda, non yeganlarning soni to‘rt mingta edi. Shundan keyin Iso odamlarga ketishga ijozat berdi, O‘zi esa qayiqqa o‘tirib, Magadan hududiga yo‘l oldi. Farziy va sadduqiy mazhabidagilar Isoning oldiga kelib, Uni sinab ko‘rish maqsadida: — Bizga bir mo‘jizali alomat ko‘rsating. Shunda Sizni Xudo yuborganini tan olamiz, — dedilar. Iso ularga shunday javob berdi: — Quyosh botganda, sizlar, osmon qizg‘ish, havo yaxshi bo‘ladi, deysizlar. Ertalab esa, osmon qizil, havoning avzoyi buzuq, bugun bo‘ron bo‘ladi, deysizlar. Sizlar osmonning avzoyiga qarab, ob–xavoni aniqlay olasizlar–ku! Nega zamon alomatlarini talqin qila olmaysizlar?! Bu qabih va bevafo nasl alomat so‘rayapti, ammo ularga Yunus payg‘ambarning alomatidan boshqa alomat berilmaydi.” Iso ularni qoldirib ketdi. Narigi qirg‘oqqa yetib kelgan shogirdlar o‘zlari bilan non olishni unutgan edilar. Iso ularga dedi: — Farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar! Shogirdlar o‘zlaricha: “Biz non olib kelmaganimiz uchun U shunday deyapti”, deb muhokama qila boshladilar. Shogirdlar nimani muhokama qilayotganlarini Iso bilib, ularga dedi: — Ey imoni sustlar! Nega sizlar, nonimiz yo‘q, deb aytyapsizlar? Hali ham tushunmadingizlarmi? Besh mingta odamga beshta nonni bo‘lib berganim esingizdami? O‘shanda qolgan–qutgan nonlar bilan qancha savatni to‘ldirib olgan edingizlar? Yoki yettita nonni to‘rt ming kishiga bo‘lib berganim–chi? O‘shanda, non burdalari bilan nechta savatni to‘ldirib olgan edingizlar? Men sizlarga non haqida gapirmaganimni hali ham anglamadingizlarmi? Men silarga: “Farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar!” — deb aytyapman. Shundan keyin shogirdlar tushundilarki, Iso ularni nonga ishlatiladigan xamirturushdan saqlanish to‘g‘risida emas, balki farziylar bilan sadduqiylarning ta’limotidan ehtiyot bo‘lish to‘g‘risida ogohlantirayotgan ekan. Iso Filip Qaysariyasi atrofidagi hududga keldi. O‘sha yerda U shogirdlaridan so‘radi: — Odamlar Inson O‘g‘lini kim deb biladi? Shogirdlar Unga shunday javob berdilar: — Ba’zilar Yahyo cho‘mdiruvchi, ba’zilar Ilyos, ba’zilar Yeremiyo, boshqalar esa, qadimgi payg‘ambarlardan biri, deb aytib yuribdilar. Iso ulardan so‘radi: — Sizlar–chi, Meni kim deb bilasiz? Shimo‘n Butrus javob berib dedi: — Siz Masihsiz, Barhayot Xudoning O‘g‘lisiz! Iso Shimo‘n Butrusga dedi: — Sen baxtlisan, ey Yunus o‘g‘li Shimo‘n! Axir, bu sirni senga inson emas, balki osmondagi Otam ochib bergan. Butrus, senga shuni aytay: sening isming qoya–ku! Mana shu qoya ustiga Men O‘zimning jamoatimni quraman. Hatto o‘lim shohligi ham jamoatimga bas kela olmaydi. Osmon Shohligi kalitlarini Men senga beraman. Yer yuzida sen nimani taqiqlasang, osmonda ham taqiqlanadi. Yer yuzida sen nimaga ijozat bersang, osmonda ham ijozat beriladi. Bundan so‘ng Iso: “Masih ekanimni hech kimga aytmanglar”, deb shogirdlariga qat’iy buyurdi. Shu vaqtdan boshlab, Iso shogirdlariga quyidagilarni ochiqchasiga tushuntira boshladi: “Men Quddusga borib, oqsoqollar, bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qo‘lida ko‘p azob chekaman. Meni o‘ldirishadi, lekin uchinchi kuni Men tirilaman.” Shunda Butrus Isoni chetga tortib, shunday ta’na qildi: — Xudo saqlasin, Hazratim! Boshingizga aslo bunday kunlar kelmasin! Iso esa Butrusga qarab: — Yo‘qol ko‘zimdan, shayton! — dedi. — Meni yo‘ldan urma! Sen Xudoning ishlarini emas, inson ishlarini o‘ylayapsan. Keyin Iso O‘z shogirdlariga dedi: — Kimda–kim Menga ergashishni istasa, o‘zidan kechsin va xochini ko‘tarib, orqamdan yursin. Kim o‘z jonini asrab qolmoqchi bo‘lsa, uni yo‘qotadi. Kim Men uchun jonini bersa, uni asrab qoladi. Agar inson butun dunyoni egallab olsa–yu, o‘z jonidan mahrum bo‘lsa, bundan unga nima foyda?! Inson o‘z joni evaziga qanday to‘lov bera oladi?! Inson O‘g‘li O‘z Otasining ulug‘vorligida, farishtalari bilan kelganda, har kimni o‘z ishiga yarasha taqdirlaydi. Sizlarga chinini aytayin: bu yerda turganlardan ba’zilari, Inson O‘g‘lining Shoh bo‘lib kelganini ko‘rmaguncha, o‘lmaydilar. Oradan olti kun o‘tdi. Iso yoniga faqat Butrus, Yoqub va Yoqubning ukasi Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi. U yerda, ularning ko‘z o‘ngida Isoning qiyofasi o‘zgardi: yuzi quyoshday porlab, kiyimlari ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib qoldi. Birdaniga ularga Muso bilan Ilyos zohir bo‘lishdi. Ular Iso bilan gaplashdilar. Butrus Isoga dedi: — Hazrat, yaxshi ham shu yerga kelgan ekanmiz! Istasangiz, uchta chayla yasayman: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga. U shu gapini tugatmagan ham ediki, birdaniga oppoq bulut paydo bo‘lib, hammalariga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz keldi: — Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan mamnunman. Unga quloq solinglar! Shogirdlar ovozni eshitganlarida, shunchalik qo‘rqib ketdilarki, yerga yuz tuban yiqildilar. Iso esa kelib, ularga qo‘l tekkizdi–da: — Turinglar, qo‘rqmanglar! — dedi. Ular boshlarini ko‘tarib, yolg‘iz Isodan boshqa hech kimni ko‘rmadilar. Tog‘dan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi: — Inson O‘g‘li o‘lib tirilmaguncha, bu ko‘rganlaringizni hech kimga aytmanglar. Shogirdlari Undan so‘radilar: — Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos payg‘ambar kelishi kerak, deb aytadilar? Iso ularga shunday javob berdi: — To‘g‘ri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklashi kerak. Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan. Ammo odamlar uni tanimay, uni xohlaganicha ho‘rladilar. Xuddi shunga o‘xshab, Inson O‘g‘li ham odamlar qo‘lida ko‘p azob chekadi. Shunda shogirdlar tushundilarki, Iso ularga Yahyo cho‘mdiruvchi to‘g‘risida gapirayotgan ekan. Iso shogirdlari bilan olomon oldiga kelganda, bir odam Isoning oldida tiz cho‘kib: — Hazrat, — dedi, — o‘g‘limga rahm qiling! Uning tutqanoq kasali bor, qattiq azob chekmoqda. U ko‘pincha olovga yoki suvga yiqilib tushadi. O‘g‘limni shogirdlaringiz oldiga olib kelgandim, ammo ular davolay olmadilar. Iso shunday dedi: — Ey imonsiz va buzuq avlod! Qachongacha sizlar bilan birga bo‘lishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! Bolani bu yerga olib kelinglar! Iso jinga do‘q qildi. Jin bolaning ichidan chiqib ketdi, shu zahoti bola sog‘ayib qoldi. Shogirdlar Iso bilan yolg‘iz qolganlarida, Undan: — Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb so‘radilar. [20-21] Iso javob berib dedi: — Yetarli imoningiz yo‘qligi uchun shunday bo‘ldi. Sizlarga chinini aytayin: agar zig‘irday imoningiz bo‘lib, shu toqqa: “Bu yerdan u yerga ko‘ch”, — deb aytsangiz, tog‘ ko‘chadi. Sizlar uchun imkonsiz narsa bo‘lmaydi. *** Iso shogirdlari bilan Jalilaga qaytib kelgandan keyin, ularga dedi: — Inson O‘g‘li odamlar qo‘liga tutib beriladi. Uni o‘ldirishadi, uchinchi kuni esa U tiriladi. Shogirdlar nihoyatda g‘amgin bo‘lib qoldilar. Iso bilan shogirdlari Kafarnahumga kelganlarida, Ma’bad solig‘ini yig‘uvchilar Butrusning oldiga kelib: — Ustozingiz Ma’bad solig‘ini to‘lamaydimi? — deb so‘radilar. — To‘laydi! — deb javob berdi Butrus. Butrus uyga kelgach, Iso birinchi bo‘lib gapirdi: — Butrus, sening fikring qanday? Bu dunyo shohlari soliq va bojni kimdan yig‘adilar? O‘zinikilardanmi yoki begonalardanmi? — Begonalardan–da, — deb javob berdi Butrus. — Demak, o‘zinikilar soliqdan ozod ekan–da, — dedi Iso. — Ammo, ularni norozi qilmaylik. Ko‘lga borib qarmoq tashla. Birinchi ilingan baliqni olib og‘zini ochsang, to‘rt diramlik tangani topasan. Tangani olib, ikkovimiz uchun soliq to‘la. Shu payt shogirdlar Isoning oldiga kelib: — Osmon Shohligida eng kattasi kim bo‘ladi? — deb so‘radilar. Iso yoniga bir bolani chaqirdi, uni o‘rtalarida turg‘izib, dedi: — Sizlarga chinini aytayin: agar sizlar o‘zgarmasangiz va bolalarday bo‘lmasangiz, hech qachon Osmon Shohligiga kira olmaysizlar. Agar o‘zingizni mana shu bola singari past tutsangiz, Osmon Shohligida eng kattasi bo‘lasiz. Kim shunday bir bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo‘ladi. “Menga ishongan shu kichiklarning birontasini yo‘ldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan ko‘ra, o‘sha odamning bo‘yniga tegirmon toshini osib, dengiz tubiga cho‘ktirilgani o‘zi uchun yaxshiroq bo‘lar edi. Odamlarni yo‘ldan ozdiradigan vasvasalar dastidan bu dunyoning holiga voy! Vasvasalar albatta keladi, lekin vasvasaga sababchi bo‘lgan odamning holiga voy! Agar yo‘ldan ozishingga qo‘ling yoki oyog‘ing sababchi bo‘lsa, uni chopib tashlab, uloqtirib yubor. Ikki qo‘l yoki ikki oyoq bilan abadiy olovga tashlangandan ko‘ra, mayib yoki cho‘loq bo‘lib abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir. Agar yo‘ldan ozishingga ko‘zing sababchi bo‘lsa, uni o‘yib olib, uloqtirib yubor. Ikki ko‘zing bilan do‘zax oloviga tushgandan ko‘ra, bir ko‘z bilan abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir.” [10-11] “Ehtiyot bo‘linglar, bu kichiklardan birontasini ham xor qilmanglar. Sizlarga shuni aytay: osmonda ularning farishtalari doimo osmondagi Otamning jamolini ko‘rib turadi. *** Nima deb o‘ylaysiz: agar bir odamning yuzta qo‘yi bo‘lsayu, ulardan biri adashib qolsa, u to‘qson to‘qqizini tog‘larda qoldirib, adashib qolganini izlab ketmaydimi?! Agarda uni topib olsa, sizga chinini aytay: adashmagan to‘qson to‘qqiztasidan ko‘ra, shu bitta qo‘y uchun u ko‘proq sevinadi. Shu singari osmondagi Otangiz ham bu kichiklardan birontasining yo‘qolib qolishini istamaydi.” “Agar birodaringiz sizga qarshi gunoh qilsa, uning oldiga boring. U bilan yakka holda gaplashib aybini yuziga ayting. Agar u sizga quloq solsa, siz orangizdagi birodarlik rishtalarini tiklagan bo‘lasiz. Agar sizga quloq solmasa, o‘zingiz bilan yana bir yoki ikki kishini olib boring, chunki “har bir masala ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi.” Agar birodaringiz ularga ham quloq solmasa, imonlilar jamoatiga ayting. Agar imonlilar jamoatiga ham quloq solmasa, uni butparast yoki soliqchi deb hisoblab, u bilan aloqani uzing. Sizlarga chinini aytayin: yer yuzida sizlar nimani taqiqlasangizlar, osmonda ham taqiqlanadi. Yer yuzida sizlar nimaga ijozat bersangizlar, osmonda ham ijozat beriladi. Sizlarga yana shuni ham aytay: oralaringizdan ikkitangiz yakdil bo‘lib biron narsa uchun ibodat qilsangizlar, osmondagi Otam tilagingizni bajaradi. Qayerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yig‘ilsa, Men o‘sha yerda ularning orasida bo‘laman.” Shundan keyin Butrus kelib Isoga dedi: “ Hazrat, agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, uni necha marta kechiray? Yetti martami?” “Sizlarga shuni aytay: yetti marta emas, — dedi Iso, — balki yetmish karra yetti marta. Shu sababli Osmon Shohligini bir shohga qiyoslash mumkin. Bu shoh o‘z xizmatkorlari bilan hisob–kitob qilmoqchi bo‘libdi. Hisob–kitobni boshlaganda, uning huzuriga ming–minglab tilla tanga qarzdor bo‘lgan xizmatkorini olib kelibdilar. Lekin qarz to‘lashga qurbi yetmagani uchun, shoh unga: — O‘zingni, xotiningni, bolalaringni va butun mol–mulkingni sotib, qarzingni to‘laysan, — deb buyuribdi. Xizmatkor shohning oyog‘iga yiqilib: — Ozgina sabr qiling, hamma qarzimni to‘layman, — debdi. Xizmatkoriga shohning rahmi kelibdi. Shoh uni qo‘yib yuborib, qarzidan kechibdi. U xizmatkor esa tashqariga chiqib, o‘zidan yuz kumush tanga qarzdor bo‘lgan bir sherigini uchratib qolibdi. Uni yoqasidan olib: — Qarzingni to‘la! — deb bo‘g‘a boshlabdi. Sherigi esa uning oyoqlariga yiqilib: — Ozgina sabr qiling, qarzimni to‘layman, — deb yolvoribdi. Ammo u ko‘nmabdi: — Qarzingni to‘lamaguningcha zindonda yotasan, — deb sherigini qamatib qo‘yibdi. Boshqa xizmatkorlar yuz bergan voqeani ko‘rib, xafa bo‘libdilar. Shohning huzuriga borib, hammasini aytib beribdilar. Shunda shoh xizmatkorini huzuriga chaqirib: — Ey yaramas xizmatkor! — debdi. — Menga yolvorganing uchun barcha qarzingdan kechdim. Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang bo‘lmasmidi?! G‘azablangan shoh xizmatkorini zindonbonning qo‘liga topshirib: — Hamma qarzini to‘lamaguncha unga azob beringlar, — deb buyuribdi. Xullas, agar sizlar birodaringizni chin ko‘ngildan kechirmasangiz, osmondagi Otam sizlarni ham shu ko‘yga soladi.” Iso bu gaplarini tugatgandan keyin, Jalilani tark etdi. U Iordan daryosining narigi tomonidagi Yahudiya o‘lkasiga bordi. Bir talay olomon Isoga ergashib borgan edi. Iso u yerda xastalarga shifo berdi. Bir necha farziylar Isoning oldiga keldilar va Uni sinamoqchi bo‘lib so‘radilar: — Qonunga ko‘ra, erkak kishi har qanday sabab bilan o‘z xotinidan ajralishi mumkinmi? Iso ularga shunday javob berdi: — Nahotki sizlar: “Azalda Yaratuvchi odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi”, degan so‘zlarni o‘qimagan bo‘lsangizlar? “Shuning uchun erkak kishi ota –onasidan bo‘lak chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar.” Bunga ko‘ra, ular endi ikkita emas, balki bir tan hisoblanadilar. Xudo birga qo‘shganni bandasi ajratmasin. Farziylar esa Isoga dedilar: — Unday bo‘lsa, nima uchun Muso, erkak o‘z xotiniga taloq xatini yozib berib, jo‘natib yuborsin, deb amr bergan? Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlar bag‘ritosh bo‘lganlaringiz uchun, Muso xotinlaringiz bilan ajrashishga sizlarga ruxsat bergan, ammo azalda bunday bo‘lmagan. Men sizlarga shuni aytayin: kim xiyonatdan boshqa sabab tufayli o‘z xotini bilan ajrashib, boshqasiga uylansa, zino qilgan bo‘ladi. Shogirdlar Isoga dedilar: — Agar erkakning xotiniga nisbatan shunday majburiyati bo‘lsa, uylanmagan yaxshiroq ekan–da! Iso esa shogirdlariga: — Ha, bu ta’limotimni hamma ham qabul qilavermaydi, — dedi. — Bu ta’limotim Xudo atagan odamlargagina tegishli. Ba’zi erkaklarning uylana olmasligiga ayrim sabablar bor: ba’zilarning erkakligi tug‘ma zaifdir. Boshqalari esa odamlar tomonidan bichilgan. Yana boshqalari Osmon Shohligi yo‘lida uylanishdan voz kechadilar. Bu ta’limotni qabul qila oladigan qabul qilsin. Iso bolalarimizga qo‘l qo‘yib duo qilsin, deb odamlar Isoning oldiga bolalarni olib kelishdi. Shogirdlar esa bolalarni olib kelgan odamlarni koyidilar. Ammo Iso dedi: — Bolalarga yo‘l beringlar, Mening oldimga kelishiga to‘sqinlik qilmanglar! Zero, Osmon Shohligi shundaylarnikidir. Iso bolalarning boshiga qo‘lini qo‘yib duo qildi, keyin O‘z yo‘liga ketdi. Shu mahal bir kishi Isoning yoniga kelib: — Ustoz! Abadiy hayotga ega bo‘lishim uchun qanday yaxshi ish qilishim kerak? — deb so‘radi. Iso unga dedi: — Nega Mendan yaxshi ish to‘g‘risida so‘rayapsiz? Birgina Xudodan boshqa hech kim yaxshi emas. Abadiy hayotdan bahramand bo‘lishni istasangiz, Xudoning amrlariga rioya qiling. — Qaysilariga? — deb so‘radi u. Iso dedi: — “Qotillik qilmang. Zino qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Yolg‘on guvohlik bermang. Ota–onangizni hurmat qiling. O‘zgani o‘zingizni sevganday seving”, degan amrlarga. Yigit Unga dedi: — Bularning hammasiga amal qilib kelaman. Yana nima qilishim kerak? Iso yigitga aytdi: — Agar komil bo‘lishni istasangiz, borib, mol–mulkingizni sotib, pulini kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. Keyin kelib, Menga ergashing. Yigit bu so‘zlarni eshitib, g‘amgin bo‘lib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki ko‘p edi. Iso shogirdlariga dedi: — Sizga chinini aytayin: boy odamning Osmon Shohligiga kirishi qiyin bo‘ladi. Sizlarga yana shuni aytay: boyning Xudo Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroqdir. Shogirdlar buni eshitib, g‘oyat ajablanishdi va: — Unday bo‘lsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi. Iso ularga ko‘z tikib dedi: — Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor. Shunda Butrus dedi: — Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik. Buning evaziga nima olamiz? Iso ularga shunday javob berdi: — Sizga chinini aytayin: hamma narsa yangilanganda va Inson O‘g‘li O‘zining ulug‘vor taxtida o‘tirganda, Mening orqamdan ergashib kelgan sizlar ham o‘n ikkita taxtga o‘tirib, Isroilning o‘n ikki qabilasiga hukmronlik qilasizlar. Men uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki yer–mulkini tashlab ketgan har bir kishi bulardan yuz hissa ortiqrog‘ini olib, abadiy hayotga ega bo‘ladi. Ammo birinchi bo‘lganlarning ko‘plari oxirgi bo‘ladilar, oxirgilar esa birinchi bo‘ladilar. “ Osmon Shohligi erta saharda uzumzoriga mardikorlar yollagani chiqqan bog‘ egasiga o‘xshaydi. Bog‘ egasi mardikorlarga, sizlarga bir kumush tangadan, odatdagi bir kunlik ish haqini to‘layman, deb ular bilan kelishibdi. So‘ng ularni o‘zining uzumzoriga yuboribdi. Soat to‘qqizlarda u bozor maydoniga chiqqan ekan, bekor turgan bir necha odamlarni ko‘rib, ularga: — Sizlar ham mening uzumzorimga boringlar, tegishli ish haqingizni to‘layman, — debdi. Ular boribdilar. Bog‘ egasi soat o‘n ikkilarda va uchda bozor maydoniga chiqib, yana shunday qilibdi. Soat beshlarda tag‘in bozor maydoniga borsa, bekor turgan yana boshqalarni ko‘ribdi–da: — Nega sizlar bu yerda kun bo‘yi bekor turibsizlar? — deb so‘rabdi. Ular: — Hech kim bizni ishga yollamadi, — deb javob beribdilar. Shunda bog‘ egasi: — Sizlar ham mening uzumzorimga borib ishlanglar, — debdi. Kech bo‘lganda, uzumzor egasi o‘zining ishboshisiga: — Mardikorlarni chaqirib, ularga ish haqlarini ber. Oxir kelganlardan boshlagin, birinchi kelganlarga oxirida berasan, — deb buyuribdi. Shunday qilib, soat beshlarda ish boshlaganlar bir kumush tangadan olishibdi. Birinchi kelganlarga haq to‘lash navbati kelganda, ular: “Biz ko‘proq olamiz ”, deb o‘ylabdilar. Ammo ularning har biriga ham bir kumush tangadan berilibdi. Ular pullarini olgach, bog‘ egasiga noroziligini bildira boshlashibdi: — Manavi oxirgi kelganlar bir soatgina ishlashdi, biz esa kun bo‘yi jaziramada mehnat qildik. Ammo siz bizning mehnatimizni ularning qilgan ishi bilan teng ko‘rdingiz. Bog‘ egasi ulardan biriga shunday dedi: — Do‘stim, men senga nohaqlik qilganim yo‘q. Sen bilan bir kumush tangaga kelishgan edik–ku! Endi haqingni olgin–u, jo‘na. Mana bu oxirgi kelganlarga sen bilan baravar ish haqi berishni xohladim. O‘zimning pulimni xohlaganimcha sarf qila olishga haqim yo‘qmi?! Yoki mening saxiyligimni ko‘rolmayapsanmi? Shunday qilib, oxirgilar birinchi bo‘ladilar, birinchilar esa oxirgi bo‘ladilar.” Iso Quddusga ketayotganda, o‘n ikki shogirdini chetga olib, ularga dedi: “Mana, biz Quddusga ketyapmiz. U yerda Inson O‘g‘li bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qo‘liga tutib beriladi. Ular Inson O‘g‘lini o‘limga mahkum qiladilar. So‘ng g‘ayriyahudiylarga topshiradilar. G‘ayriyahudiylar Uni haqoratlaydilar, qamchilaydilar va xochga mixlaydilar. Ammo uchinchi kuni U tiriladi.” Shunda aka–uka Zabadiylarning onasi o‘g‘illarini boshlab, Isoning oldiga keldi. U Isodan bir narsa iltimos qilmoqchi bo‘lib, Unga ta’zim qildi. Iso ayoldan: — Nima istaysiz? — deb so‘radi. — Shohligingizda o‘g‘illarimning biri Sizning o‘ng tomoningizda, biri chap tomoningizda o‘tirsin! — dedi Unga ayol. Iso shunday dedi: — Sizlar nima so‘rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan azob kosasidan sizlar icha olasizlarmi? — Icha olamiz! — deb javob berdi ular. Iso ularga dedi: — Sizlar–ku Men ichadigan azob kosasidan ichasizlar, ammo Mening o‘ng va chap tomonimda o‘tirishga ruxsat berish O‘z ixtiyorimda emas. Bu o‘rinni Otam kimlarga atagan bo‘lsa, o‘shalarniki bo‘ladi. Qolgan o‘nta shogird buni eshitib, ikkala aka–ukadan achchiqlanib ketishdi. Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi: — Butparastlarga qaranglar, ularning hukmdorlari xalqlariga o‘z hukmini o‘tkazadilar, katta amaldorlari elga zo‘ravonlik qiladilar. Ammo sizlarning orangizda bunday bo‘lmasin. Aksincha, orangizda kim katta bo‘lishni istasa, sizlarga xizmat qilsin. Orangizda kim birinchi bo‘lishni istasa, sizlarga qul bo‘lsin. Axir, Inson O‘g‘li ham O‘ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O‘zi boshqalarga xizmat qilish va O‘z jonini fido qilib, ko‘plarni ozod qilish uchun kelgan. Iso bilan shogirdlari Yerixodan ketar ekanlar, bir talay olomon Isoga ergashdi. Yo‘l bo‘yida ikkita ko‘r odam o‘tirgan edi. Ular oldilaridan Iso o‘tib ketayotganini eshitib: — Ey Hazrat, Dovud O‘g‘li, bizlarga rahm qiling! — deb baqirdilar. Olomon esa: — Jim bo‘linglar! — deb ularga do‘q qildi. Ular esa yanada qattiqroq baqirib: — Ey Hazrat, Dovud O‘g‘li, bizlarga rahm qiling! — deb faryod qilishardi. Iso to‘xtab, ularni yoniga chaqirdi–da: — Mendan nima istaysizlar? — deb so‘radi. Ular: — Hazrat, ko‘zlarimiz ochilsin! — deyishdi. Isoning ularga rahmi kelib, ko‘zlariga qo‘l tekkizdi. Shu zahoti ularning ko‘zlari ochildi. So‘ng ular Isoning ortidan ergashdilar. Iso bilan shogirdlari Quddusga yaqinlashib, Zaytun tog‘i etagidagi Baytfagiya qishlog‘iga yetib kelishganda, Iso ikki shogirdiga dedi: — Anavi qishloqqa boringlar. U yerga borishingiz bilanoq, bog‘lab qo‘yilgan eshakni va yonidagi xo‘tikni ko‘rasizlar. Ularni yechib, Mening oldimga olib kelinglar. Agar kimdir sizga biron nima desa, “Bular Rabbimiz Masihga kerak. U darhol bularni qaytarib yuboradi”, deb aytinglar. Bu voqea payg‘ambarning aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘lishi uchun yuz bergan edi: “Quddus xalqiga ayting: Mana shohingiz kelyapti. Kamtarindir shohingiz, U eshakning ustida, Ha, eshakning bolasini — ho‘tikni minib kelyapti.” Shogirdlar borib, Iso ularga buyurganiday qilishdi. Ular eshak bilan xo‘tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Eshak va xo‘tik ustiga to‘nlarini tashlashdi, Iso xo‘tikka mindi. Bir talay olomon to‘nlarini yo‘lga poyandoz qildi. Ba’zilari esa daraxt shoxlarini kesib, yo‘lga to‘shadilar. Oldinda va orqada yurayotgan olomon shunday deb hayqirardi: “ Dovud O‘g‘liga tasanno! Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin! Falak toqida Unga tasanno o‘qilsin!” Iso Quddusga kirib kelganda, butun shahar: “Bu kim bo‘ldi?” — deb g‘imirlab qoldi. Olomon esa shunday deb javob berardi: “U Jalilaning Nosira shahridan bo‘lgan Iso payg‘ambar!” Iso Ma’badga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotgan hammani quvib chiqardi. Sarroflarning xontaxtalarini va kaptar sotuvchilarning kursilarini ag‘darib yubordi. Iso ularga shunday dedi: — “Mening uyim Ibodat Uyi bo‘ladi, deb Tavrotda yozilgan–ku! Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboryapsizlar! Ma’badda Isoning oldiga ko‘rlar va cho‘loqlar keldi. Iso ularga shifo berdi. Bosh ruhoniylar bilan Tavrot tafsirchilari Isoning qilayotgan ajoyib ishlarini ko‘rib va Ma’baddagi bolalarning: “ Dovud O‘g‘liga tasanno!” deb hayqirayotganini eshitib, qattiq g‘azablandilar. — Ularning nima deyayotganlarini eshityapsanmi? — dedilar Unga. — Ha, eshityapman! — deb javob berdi Iso. — Nahotki sizlar: “Sen bolalar va chaqaloqlarga madhiya aytishni o‘rgatding”, — degan oyatni hech qachon o‘qimagan bo‘lsangiz? So‘ng Iso ularni tark etib, Quddusdan chiqib ketdi. U Baytaniya shahriga borib, u yerda tunab qoldi. Ertalab Iso shaharga qaytib kelayotganda och edi. Yo‘l chetida bir anjir daraxtini ko‘rib, uning yoniga bordi. Iso barglardan boshqa hech narsa topmay, daraxtga: — Bundan buyon senda aslo meva bo‘lmasin! — dedi. Anjir daraxti shu zahoti qurib qoldi. Shogirdlar buni ko‘rib: — Qanday qilib anjir daraxti darrov qurib qoldi? — deb hayron bo‘ldilar. Iso ularga shunday dedi: — Sizlarga chinini aytayin, agar shubhalanmay ishonsangiz, nafaqat anjir daraxtini shu ko‘yga sola olasiz, balki mana bu toqqa: “Qo‘porilib, dengizga otil”, — desangiz, aytganingiz bo‘ladi. Ishoning, shunda ibodatda so‘ragan har qanday narsani olasiz. Iso Ma’badga kirib ta’lim berayotganda, bosh ruhoniylar va oqsoqollar Uning oldiga kelib, savol berdilar: — Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bu hokimiyatni Sizga kim bergan? Iso ularga shunday javob berdi: — Men ham sizlarga bir savol berayin. Agar Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. Yahyo xalqni suvga cho‘mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Ular esa o‘zaro mulohaza yuritdilar: “Agar Xudodan desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi. Agar insondan desak, xalqdan qo‘rqamiz, chunki hamma Yahyoni payg‘ambar deb hisoblaydi.” Shunday qilib, ular Isoga: — Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman. “Sizlar mana bunga nima deysizlar? Bir odamning ikki o‘g‘li bor ekan. U katta o‘g‘lining yoniga kelib: — O‘g‘lim, bor, bugun uzumzorda ishla, — debdi. — Bormayman! — debdi o‘g‘il. Ammo keyin aytgan gapiga pushaymon bo‘lib, boribdi. Ota kenja o‘g‘li oldiga borib, o‘sha gapini aytibdi. Bu o‘g‘il: “Bo‘pti, boraman, ota”, debdi, ammo bormabdi. Ikkovidan qaysi biri otasining xohishini bajardi?” “Birinchisi”, — deb javob berdi ular. Iso ularga: “Sizlarga chinini aytayin, — dedi. — Soliqchilar bilan fohishalar Xudoning Shohligiga sizlardan oldin kirib boradilar. Chunki Yahyo cho‘mdiruvchi sizning oldingizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgani keldi, ammo sizlar unga ishonmadingizlar. Soliqchilar bilan fohishalar esa ishonishdi. Sizlar buni ko‘rib turib ham pushaymon bo‘lmadingizlar, ishonmadingizlar.” “Endi boshqa bir masalni eshitinglar: bir yer egasi bor ekan. U uzumzor barpo qilibdi. Atrof–tevaragini devor bilan o‘rab, uzum siqadigan chuqur qazibdi, kuzatuv minorasini quribdi. Keyin uzumzorni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi safarga ketibdi. Yig‘im–terim mavsumida xo‘jayin: “Hosildan menga tegishli ulushni olib kelinglar”, — deb xizmatkorlarini bog‘bonlar oldiga yuboribdi. Bog‘bonlar esa uning xizmatkorlarini tutib olishibdi, birini urib, birini o‘ldirib, boshqa birini esa toshbo‘ron qilishibdi. Shundan keyin u oldingidan ko‘proq xizmatkorlarini bog‘bonlar oldiga jo‘natibdi. Bog‘bonlar esa ular bilan ham xuddi shunday qilishibdi. Oxirida uzumzor egasi: — O‘g‘limni albatta hurmat etadilar, — deb bog‘bonlar oldiga o‘z o‘g‘lini yuboribdi. Ammo bog‘bonlar uning o‘g‘lini ko‘rganlarida bir–biriga: — Bu merosxo‘r–ku! Kelinglar, uni o‘ldirib, merosiga ega bo‘laylik, — deyishibdi. Uni tutib, uzumzordan tashqariga chiqarib, o‘ldirishibdi. Xo‘sh, sizningcha, uzumzorning egasi qaytib kelganda, u bog‘bonlarni nima qiladi?” — U bu yaramaslarni shafqatsizlarcha o‘ldiradi, — deb javob berdi ular. — Uzumzorni esa boshqa bog‘bonlarga ijaraga beradi. Bu bog‘bonlar uzum hosilini unga o‘z vaqtida berishadi. Iso ularga dedi: “Nahotki sizlar Muqaddas Bitiklardagi shu so‘zlarni hech o‘qimagan bo‘lsangiz: “Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi. Bu Egamizning qilgan ishidir, Ko‘z oldimizdagi ajoyibotdir.” Shuning uchun sizlarga aytaman: Xudoning Shohligi sizlardan tortib olinadi va Shohlik uchun hosil yetishtiradigan odamlarga beriladi. Kim tamal toshi ustiga yiqilsa, parcha–parcha bo‘ladi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi. Bosh ruhoniylar va farziylar bu masalni eshitib, Iso ular haqida gapirganini tushundilar. Uni hibsga olmoqchi bo‘ldilar, ammo xalqdan qo‘rqdilar. Chunki xalq Isoni payg‘ambar deb bilar edi. Iso odamlarga yana masallar bilan gapira boshladi: “ Osmon Shohligini o‘g‘liga to‘y ziyofati bergan shohga qiyoslasa bo‘ladi. Shoh to‘yga taklif etilgan mehmonlarni chaqirish uchun xizmatkorlarini yuboribdi. Mehmonlar esa kelishni xohlamabdilar. Shoh yana boshqa xizmatkorlarini yuborib, shunday debdi: — Taklif etilganlarga aytinglar: men ziyofat dasturxonini tayyorlab qo‘ydim, buqayu bo‘rdoqilarim so‘yildi, hammasi tayyor. To‘yga kelaveringlar! Biroq ular bu taklifni ham nazarga ilmabdilar, biri dalasiga, boshqasi o‘z ishiga ketibdi. Qolganlar esa shoh xizmatkorlarini tutib, xo‘rlab, o‘ldirishibdi. Shoh buni eshitib, g‘azablanibdi. Lashkarini yuborib, qotillarni qatl qildiribdi, shaharlarini esa yondirib kul qilibdi. Shundan keyin u xizmatkorlariga aytibdi: — To‘y ziyofati tayyor, lekin taklif etilganlar bunga munosib emas ekanlar. Shuning uchun chorrahalarga boringlar, kimni ko‘rsangiz, to‘y ziyofatiga taklif qilinglar. Xizmatkorlar yo‘lga chiqib, uchratganlarining hammasini — yomonlarni ham, yaxshilarni ham yig‘ib kelibdilar. Xullas, to‘yxona mehmonlarga to‘libdi. Shoh mehmonlarni ko‘rish uchun kirganda, u yerda to‘y kiyimini kiymagan bir odamni ko‘ribdi va undan: — Do‘stim, to‘y kiyimisiz bu yerga qanday kirdingiz? — deb so‘rabdi, u hech qanday javob bera olmabdi. Shunda shoh xizmatkorlariga aytibdi: — Bu odamning qo‘l–oyoqlarini bog‘lab, tashqariga, qorong‘ilikka tashlanglar. U yerda u qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadi. Axir, da’vat etilganlar ko‘p, ammo tanlanganlar ozdir.” Shunda farziylar kelib, Isoni tilidan ilintirish uchun reja tuzdilar. Ular o‘z shogirdlarini Hirod tarafdorlari bilan birga Isoning oldiga yuborishdi. — Ustoz, — deyishdi ular, — Siz odil ekaningizni bilamiz. Siz Xudoning yo‘lini to‘g‘ri o‘rgatasiz. Biror kishiga xushomadgo‘ylik, yuz–xotirchilik qilmaysiz. Bizga ayting–chi, Qaysarga soliq to‘lashimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? Ammo Iso ularning niyati yomon ekanini bilib turardi. U shunday dedi: — Hoy ikkiyuzlamachilar! Nima, Meni sinab ko‘rmoqchimisizlar? Soliqqa to‘lanadigan tangani Menga ko‘rsatinglar. Ular Isoga bir dinor keltirdilar. — Bu surat va yozuv kimniki? — deb so‘radi Iso. — Qaysarniki, — deb javob berdi ular. — Unday bo‘lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi Iso. Ular buni eshitib lol qoldilar. Isoni o‘z holiga qo‘yib, qaytib ketdilar. Sadduqiylar o‘liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba’zilari o‘sha kuni Isoning oldiga kelib, shunday savol berdilar: — Ustoz! Muso aytgan ediki: “Agar odam farzand ko‘rmay o‘lib ketsa, marhumning ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin.” Bizda yetti aka–uka bor edi. Birinchisi uylandi, ammo farzand ko‘rmay olamdan o‘tdi, xotini esa ukasiga qoldi. Ikkinchi, uchinchi, hatto yettinchisigacha, hammasining boshiga shu ko‘rgilik tushdi. Oxirida xotin ham qazo qildi. Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda xotin yettovidan qaysi birining xotini hisoblanadi? Axir, hammasi unga uylangan edi–ku. Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlar Muqaddas Bitiklarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar. O‘liklar tirilganda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar, balki bamisoli osmondagi farishtalarday bo‘ladilar. O‘liklarning tirilishi haqidagi masalaga kelsak: nahotki Xudoning sizlarga aytgan gaplarini hech qachon o‘qimagan bo‘lsangizlar?! U: “Men Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman”, — degan–ku! Axir, Xudo o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Olomon buni eshitib, Isoning ta’limotidan hayratda qoldi. Iso sadduqiylarni mot qilib qo‘yganini farziylar ham eshitib, bir joyga yig‘ildilar. Ulardan biri — Tavrot tafsirchisi Isoni sinash maqsadida Unga shunday savol berdi: — Ustoz, Tavrotdagi qaysi amr eng buyuk? Iso unga dedi: — Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan seving. Bu birinchi va eng buyuk amr. Ikkinchisi esa shunga o‘xshashdir: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.” Musoning butun Qonuni va payg‘ambarlarning hamma so‘zlari mana shu ikki amrga tayanadi. Farziylar yig‘ilishganda, Iso ulardan so‘radi: — Masih haqida nima deb o‘ylaysizlar? U kimning o‘g‘li? — Dovudning o‘g‘li, — deb javob berdi ular. Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, qanday qilib Dovud Muqaddas Ruh orqali Masihni Rabbim deb aytadi? Dovud shunday degan edi: “Egamiz aytmoqda Rabbimga: Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirib turgin.” Agar Dovud Masihni Rabbim deb atagan bo‘lsa, qanday qilib Masih Dovudning o‘g‘li bo‘ladi?! Isoning savoliga hech kim javob bera olmadi. O‘sha kundan boshlab hech kim Unga savol berishga jur’at etolmaydigan bo‘ldi. Shundan keyin Iso olomonga va shogirdlariga gapirdi: “ Qonunni izohlash huquqi Tavrot tafsirchilari va farziylarga berilgan. Shu bois ularga quloq solinglar, aytganini qilinglar, ammo qilganini qilmanglar! Chunki ular o‘zlari aytganlarni qilmaydilar. Ular ko‘tarib bo‘lmaydigan og‘ir yukni birovlarga yuklaydilar, o‘zlari esa yordam berish uchun hatto barmog‘ini ham qimirlatmaydilar. Hamma ishlarini, boshqalar ko‘rsin, deb qiladilar. Peshanalariga taqqan nishonalarini kattaroq, kiyimlarining popuklarini uzunroq qiladilar. Shuningdek, ziyofatlarda to‘rga chiqishni va sinagogalarda yaxshi joylarda o‘tirishni yoqtiradilar. Bozorlarda odamlar ularga salom berishlarini, “ustoz” deb murojaat etishlarini yaxshi ko‘radilar. Ammo sizlarni hech kim “ustoz” deb chaqirmasin, chunki hammangizning bitta Ustozingiz bor. Sizlar esa birodarsizlar. Yer yuzida hech kimni ota deb aytmang, chunki sizlarning osmonda yagona Otangiz bor. Hech kim sizlarni “yo‘lboshchi” deb ham aytmasin, chunki sizlarning yakkayu yagona yo‘lboshchingiz Masihdir. Orangizda kim bosh bo‘lsa, sizlarga xizmat qilsin. Zotan o‘zini o‘zi yuksaltirgan kamsitiladi, o‘zini past tutgan esa yuksaltiriladi.” [13-14] “Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Axir, sizlar odamlar kirmasin deb, Osmon Shohligi eshiklarini berkitib qo‘yyapsizlar. U yerga o‘zlaringiz ham kirmayapsizlar, kirmoqchi bo‘lganlarni ham kirgizmayapsizlar. *** Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Axir, sizlar hech bo‘lmasa bir kishini o‘z diningizga kiritish uchun dengizu quruqlikni kezib chiqasizlar. Niyatingizga erishganingizda esa, uni o‘zingizdan besh battar do‘zaxi odam qilasizlar. Ey ko‘r yetakchilar, holingizga voy! Sizlar: “Kim Ma’bad haqi deb qasam ichsa, u qasamini bajarmasa ham bo‘ladi, ammo kim Ma’bad oltini haqi deb qasam ichsa, o‘z qasamini bajarishi shart”, — deysiz. Hoy ko‘r nodonlar! Qaysi biri buyukroq: Ma’badning oltinimi, yoki oltinni muqaddas qilgan Ma’badning o‘zimi?! Yana sizlar shunday deb aytasizlar: “Kim qurbongoh haqi deb qasam ichsa, u qasamini bajarmasa ham bo‘ladi, ammo kim qurbongohdagi qurbonlik haqi, deb qasam ichsa, qasamini bajarishi shart”, — deysizlar. Shu qadar ko‘r bo‘lmasangiz–a! Qaysi biri buyukroq: qurbonlikmi yoki qurbonlikni muqaddas qilgan qurbongohmi? Axir, qurbongoh haqi, deb qasam ichgan, ham qurbongohning o‘zi, ham undagi barcha qurbonliklar haqi qasam ichgan bo‘ladi–ku! Ma’bad haqi deb qasam ichgan esa, ham Ma’badning o‘zi, ham Ma’badda yashaydigan Xudo haqi qasam ichgan bo‘ladi. Osmon haqi deb qasam ichgan esa, osmondagi Xudoning taxti va taxtda o‘tirgan Xudoning O‘zi haqi qasam ichgan bo‘ladi. Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Sizlar yalpiz, ukrop va ziradan ushr berasizlar, ammo Qonunning adolat, shafqat va imon kabi eng muhim ta’limotlarini pisand qilmaysizlar. Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo‘ymasligingiz kerak edi. Hoy ko‘r yetakchilar! Sizlar ichimligingizdan chivinni suzib olasizlar, ammo tuyani butunligicha yutib yuborasizlar! Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Sizlar piyolayu laganingizning sirtini tozalaysizlar–u, ammo ichi ochko‘zlik va xudbinlikka to‘la. Ey ko‘r farziy! Sen avvalo piyola va laganning ichini tozalab ol, shunda ularning sirti ham toza bo‘ladi. Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Chunki sizlar ohaklangan qabrlarga o‘xshaysizlar: qabrlarning tashqi tomoni chiroyli, ammo ichi murdalarning suyaklariga va har xil iflosliklarga to‘la. Shu singari, sizlar ham tashqi tomondan boshqalarga taqvodor bo‘lib ko‘rinasiz, ammo ichingiz ikkiyuzlamachilikka va gunohga to‘la.” Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Axir, sizlar payg‘ambarlarga maqbaralar qurib, taqvodorlarning qabrlarini bezatib, shunday deysizlar: “Agar ota–bobolarimiz davrida biz ham yashaganimizda edi, ularga qo‘shilishib payg‘ambarlarning qonini to‘kmagan bo‘lardik.” Bu bilan sizlar payg‘ambarlarni qatl qilganlarning o‘g‘illari ekaningizni tan olyapsizlar. Ota–bobolaringiz boshlagan ishni oxiriga yetkazinglar endi! Hoy ilonlar, zaharli ilonlar zoti! Sizlar do‘zax jazosidan qanday qochib qutulasiz?! Ana shu sababdan Men oldingizga payg‘ambarlarni, donishmandu ustozlarni yuboraman. Ammo sizlar ularning ba’zilarini o‘ldirasizlar, ba’zilarini xochga mixlaysizlar, boshqalarini esa sinagogalaringizda qamchilab, shaharma–shahar quvg‘in qilasizlar. Natijada o‘ldirilgan hamma begunoh odamlarning qoni uchun sizlar jazo tortasizlar. Hobilning to‘kilgan qonidan tortib, qurbongoh bilan Ma’bad orasida siz o‘ldirgan Baraxiya o‘g‘li Zakariyoning qoni sizning gardaningizda bo‘ladi. Ha, sizlarga chinini aytaman: bu nasl ushbu hamma qotilliklar uchun jazo tortadi. Eh Quddus, Quddus! Payg‘ambarlarni qatl etib, huzuriga yuborilganlarni toshbo‘ron qiluvchi shahar! Tovuq o‘z jo‘jalarini qanotlari ostiga qanday to‘plasa, Men ham sening xalqingni bir necha marta shunday to‘plamoqchi bo‘ldim. Lekin sen istamading. Ey Quddus aholisi, sizning Ma’badingiz huvullab qoladi. Sizga shuni aytay: “Egamiz nomi bilan keladigan inson baraka topsin”, — deb aytmaguningizcha, Meni ko‘rmaysizlar.” Iso Ma’baddan chiqib ketayotganda, shogirdlari Uning yoniga kelib, diqqatini Ma’badning binolariga qaratdilar. Iso ularga dedi: “Bularning hammasini ko‘ryapsizmi? Sizlarga chinini aytayin: bular vayron bo‘ladi. Bironta tosh o‘z joyida qolmaydi.” Iso bir O‘zi Zaytun tog‘ida o‘tirganda, shogirdlari Uning yoniga kelib, so‘rashdi: “Bizlarga ayting–chi, bu hodisalar qachon yuz beradi? Sizning kelishingizni va oxirzamon yaqinlashganini nimadan bilsak bo‘ladi?” Iso ularga shunday javob berdi: “Ehtiyot bo‘linglar, hech kim sizlarni yo‘ldan ozdirmasin! Chunki ko‘pchilik o‘zlarini Mening nomim bilan atab: “Men Masihman ”, — deb bir qancha odamni yo‘ldan ozdiradilar. Sizlar urush haqidagi xabarlarni va mish–mishlarni eshitasizlar. Biroq cho‘chimanglar! Bular sodir bo‘lishi shart, ammo bu hali oxiri degani emas. Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi ko‘tariladi. Ayrim joylarda qahatchilik va zilzilalar bo‘ladi. Bularning hammasi to‘lg‘oq azoblarining boshlanishiga o‘xshaydi. O‘shanda sizlarni qiynash va o‘ldirish uchun tutib beradilar. Mening nomim tufayli hamma xalqlar sizlardan nafratlanadi. Shunda ko‘plar imondan qaytadi, ular bir–birini sotib, bir–biridan nafratlanadi. Ko‘p soxta payg‘ambarlar paydo bo‘ladi, ular ko‘plarni yo‘ldan uradi. Yomonlik ko‘paygani uchun odamlar orasida mehr–oqibat yo‘qoladi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi. Osmon Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabar butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi, hamma xalqlar uni eshitadi. Shundagina oxirzamon keladi.” “Doniyor payg‘ambar aytganiday ko‘p harom –xarish ishlarga sabab bo‘ladigan makruh bir narsaning muqaddas joyda turganini ko‘rganingizda (o‘qigan o‘zi tushunsin!), Yahudiyada bo‘lganlar tog‘larga qochishsin. Tomning ustida bo‘lganlar uyidan biron narsa olish uchun pastga tushmasin. Dalada bo‘lganlar esa to‘nini olgani qaytib kelmasin. U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Qochishingiz qishga yoki Shabbat kuniga to‘g‘ri kelmasligi uchun iltijo qilinglar. Chunki o‘sha vaqtda shunday azob–uqubatlar bo‘ladiki, dunyo yaratilgandan to hozirgacha bunaqasi bo‘lmagan va qaytib sodir bo‘lmaydi. Lekin tanlangan odamlar uchungina u kunlar qisqartiriladi. Agar o‘sha kunlar qisqartirilmaganda edi, hech bir jonzot omon qolmasdi. Agar o‘shanda kimdir sizlarga: “Masih mana bu yerda” yoki: “Ana u yerda”, — deb aytsa, ishonmanglar. Chunki soxta masihlar va soxta payg‘ambarlar paydo bo‘lib, iloji bo‘lsa, tanlangan odamlarni ham yo‘ldan ozdirish uchun buyuk alomatu mo‘jizalar ko‘rsatadilar. Mana, Men sizlarga oldindan aytib qo‘ydim. Shunday qilib, agar ular sizlarga: “Qaranglar! U sahroda!” deb aytsalar, bormanglar. Agar ular: “U yashirin joyda”, deb aytsalar, ishonmanglar. Chunki Inson O‘g‘li kelganda, Uni hamma ko‘radi. U sharqdan g‘arbga qadar butun osmonni yoritib yuborgan chaqmoqday bo‘ladi. Kalxatlar to‘plangan joyda murda bo‘lishini hamma biladi. Mening kelishim ham shu singari hammaga ayon bo‘ladi. O‘sha kunlardagi azob–uqubatlar o‘tishi bilanoq, Quyosh qorayadi, oyning nuri so‘nadi. Osmondan yulduzlar qulab tushadi, Samoviy kuchlar larzaga keladi. O‘shanda Inson O‘g‘lining alomati osmonda namoyon bo‘ladi. Yer yuzidagi barcha qabilalar qayg‘uradi. Shunda hamma odam Inson O‘g‘lini ko‘radi. Inson O‘g‘li qudratga va buyuk ulug‘vorlikka burkanib, bulutlarda keladi. Karnayning baland sadosi ostida U farishtalarini yerning to‘rt tomoniga yuboradi. Ular dunyoning bir burchagidan boshqa burchagigacha tanlangan odamlarni to‘plab olishadi.” “Anjir daraxtidan saboq olinglar: uning shoxlari ko‘karib barg chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar. Shu singari, mana bu voqealar sodir bo‘lganda, bilingki, o‘sha vaqt yaqinlashib qolgan, ostonangizda turibdi. Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o‘tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo‘ladi. Yeru osmon yo‘q bo‘lib ketadi, ammo Mening so‘zlarim kuchda qoladi. O‘sha kun va soat haqida Otamdan boshqa hech kim bilmaydi. O‘g‘il ham, osmondagi farishtalar ham bilmaydilar. Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘li kelishida ham shunday bo‘ladi. To‘fongacha bo‘lgan davrda odamlar yeb–ichardilar, uylanib, turmushga chiqardilar. Nuh kemaga kirgunga qadar hayot shu zaylda davom etardi. To‘fon kelib, ularning hammasini yuvib ketmaguncha, ular hamma narsadan bexabar edilar. Inson O‘g‘li kelganda ham xuddi shunday bo‘ladi. O‘shanda ikki kishi dalada bo‘ladi, biri olinadi, biri qoldiriladi. Tegirmon tortayotgan ikki ayol bo‘ladi, biri olinadi, biri qoldiriladi. Shuning uchun hushyor bo‘linglar. Men — Rabbingiz qaysi kuni kelishimni sizlar bilmaysizlar. Ammo shuni bilib qo‘yingki, agar uy egasi tunning qay paytida o‘g‘ri kelishini bilganda edi, u uyg‘oq o‘tirib, o‘g‘rining uyga buzib kirishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Shunga o‘xshab, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O‘g‘li sizlar kutmagan vaqtda keladi.” “Ishonchli va dono xizmatkor kim? Xo‘jayin bunday odamni boshqa xizmatkorlariga boshliq qilib qo‘yadi, ularga o‘z vaqtida ovqat tarqatishni unga topshiradi. Xo‘jayin uyga qaytganda o‘sha xizmatkorini yumush ustida ko‘rsa, xizmatkor naqadar baxtli! Sizlarga chinini aytay: xo‘jayin o‘sha xizmatkorini butun mulki ustidan boshqaruvchi qilib qo‘yadi. Bordi–yu, u xizmatkor yomon bo‘lib, ko‘nglida: “Xo‘jayinim hali beri qaytib kelmaydi”, — deb, boshqa xizmatkorlarni ura boshlasa va sharobxo‘rlar bilan yeb–ichsa, xizmatkor kutmagan kunda, o‘ylamagan soatda xo‘jayini kelib qoladi. U xizmatkorining jazosini berib, boshiga ikkiyuzlamachilarning kunini soladi. Shunda xizmatkor qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadi.” “Oxirzamon yaqinlashganda Osmon Shohligini quyidagiga o‘xshatsa bo‘ladi: kelinning o‘nta dugonasi moychiroqlarini olib, kuyovni qarshilagani chiqishibdi. Ulardan beshtasi nodon, beshtasi dono ekan. Nodonlari moychiroqlarni olishibdi–yu ammo chiroq uchun moy olishmabdi. Donolari esa moychiroqlari bilan birga idishlarda moy ham olibdilar. Kuyov kechikibdi, shu sababdan hammalari mudrab, uxlab qolibdilar. Yarim kechasi: “Ana, kuyov kelyapti! Uni kutib olgani chiqinglar!” — degan bir ovoz yangrabdi. Shunda qizlarning hammasi o‘rnidan turib, moychiroqlarini tayyorlay boshlabdilar. Nodonlari donolariga aytibdilar: — Bizga ham moyingizdan ozgina beringlar, chiroqlarimiz o‘chyapti! Donolari esa shunday javob beribdilar: — Yo‘q! Bizga ham, sizlarga ham moy yetmay qoladi. Yaxshisi, sotuvchilarga borib, o‘zlaringizga moy sotib olinglar. Ular moy sotib olgani ketishganda, kuyov kelib qolibdi. Tayyor turgan qizlar kuyov bilan birga to‘yxonaga kirib ketishibdi. Orqalaridan eshik yopilibdi. Keyin qolgan qizlar kelib: — Hazrat! Hazrat! Bizga eshikni oching! — deyishibdi. Lekin U: — Sizlarni umuman tanimayman, — deb javob beribdi. Xullas, hushyor bo‘linglar, chunki qaysi kuni, qaysi soatda kelishimni bilmaysizlar.” “Yana Osmon Shohligini safarga jo‘nab ketayotgan odamga o‘xshatsa bo‘ladi. U ketishidan oldin xizmatkorlarini chaqirib, o‘z mol–mulkini ularga topshiribdi. U har biriga qobiliyatiga yarasha: biriga besh ming tilla, ikkinchisiga ikki ming tilla, uchinchisiga esa ming tilla berib, jo‘nab ketibdi. Besh ming tilla olgan xizmatkor vaqtni boy bermay, pulni ishga solibdi va yana besh ming tilla daromad olibdi. Ikki ming tilla olgan xizmatkor ham xuddi shunday yo‘l tutib, ikki ming tilla orttiribdi. Ming tilla olgan xizmatkor esa borib, chuqur qazibdi–da, xo‘jayin bergan pulini ko‘mib qo‘yibdi. Oradan ancha vaqt o‘tibdi. Xo‘jayin qaytib kelib, xizmatkorlaridan hisobot so‘rabdi. Besh ming tilla olgan xizmatkori orttirgan besh ming tillani ham olib kelib, shunday debdi: — Xo‘jayin! Menga besh ming tilla bergan edingiz. Mana, qarang, men bulardan tashqari yana besh ming tilla ishladim. Xo‘jayini unga: — Barakalla! Sen yaxshi va ishonchli xizmatkorsan! — debdi. — Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun, senga katta ishlarni ishonib topshiraman. Kel, mening xursandchiligimga sherik bo‘l. Ikki ming tilla olgan xizmatkor ham kelib: — Xo‘jayin! Menga ikki ming tilla bergandingiz. Mana, qarang, men bulardan tashqari yana ikki ming tilla ishladim, — debdi. Xo‘jayini unga: — Barakalla! Sen yaxshi va ishonchli xizmatkorsan! — debdi. — Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun, senga katta ishlarni ishonib topshiraman. Kel, mening xursandchiligimga sherik bo‘l. Ming tilla olgan xizmatkor ham kelib shunday debdi: — Xo‘jayin! Men sizning qattiqqo‘l odam ekaningizni bilardim. Siz ekmagan yerdan o‘rasiz, o‘zingiz yetishtirmagan hosilni yig‘ib olasiz. Shuning uchun men qo‘rqqanimdan borib, bergan tillangizni yerga ko‘mib qo‘ydim. Mana tillangiz! Xo‘jayin unga shunday javob beribdi: — Ey yomon, yalqov xizmatkor! Men ekmagan yerdan o‘rishimni, o‘zim yetishtirmagan hosilni yig‘ib olishimni bilar ekansan, pulimni muomalaga kiritsang bo‘lmasmidi?! Men qaytib kelib, pulimni foydasi bilan qaytarib olgan bo‘lar edim. So‘ng xo‘jayin debdi: — Qani, undagi ming tillani olib, o‘n ming tillasi borga beringlar! Chunki kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi va u mo‘l-ko‘lchilikda yashaydi. Kimda yo‘q bo‘lsa, hatto bori ham tortib olinadi. Endi bu yaramas xizmatkorni tashqariga, qorong‘ilikka uloqtirib yuboringlar. U yerda bu yaramas qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadi.” “ Inson O‘g‘li O‘zining ulug‘vorligida, jamiki farishtalari bilan birga kelganda O‘zining shohona taxtiga o‘tiradi. Barcha xalqlar Uning huzuriga to‘planadilar. Cho‘pon qo‘ylarni echkilardan ajratganday, U xalqlarni bir–biridan ajratadi. U qo‘ylarni o‘ng tomoniga, echkilarni chap tomoniga qo‘yadi. Shundan keyin Shoh o‘ng tomonidagilarga aytadi: — Ey Otamning barakasini olganlar, kelinglar! Shohlikni meros qilib olinglar! Bu shohlik olam yaratilgandayoq sizlar uchun tayyorlab qo‘yilgan. Axir, Men och edim, Menga ovqat berdingizlar. Chanqagan edim, Menga ichimlik berdingizlar. Musofir edim, uyingizdan boshpana berdingizlar. Yalang‘och edim, Meni kiyintirdingizlar. Kasal edim, Menga g‘amxo‘rlik qildingizlar. Zindonda edim, Meni kelib ko‘rdingizlar. Bunga javoban solihlar Unga shunday deydilar: — Yo Rabbiy! Qachon sizni och holda ko‘rib, ovqat beribmiz?! Qachon chanqaganingizni ko‘rib, biron narsa ichiribmiz? Musofir ekaningizni qachon ko‘rib, uyimizdan boshpana beribmiz? Yalang‘och ekaningizni qachon ko‘rib, kiyintiribmiz? Kasal yoki zindonda bo‘lganingizda qachon Sizni yo‘qlab boribmiz? Shoh ularga shunday javob beradi: — Sizlarga chinini aytayin: sizlar eng kichik birodarimga qilgan har qanday yaxshiligingizni Menga qilgan bo‘lasiz. So‘ng U chap tomondagilarga ham aytadi: — Ey la’natilar, ko‘zimdan yo‘qolinglar! Iblis va uning farishtalariga tayyorlab qo‘yilgan abadiy olovga mubtalo bo‘ling! Axir, Men och edim, ovqat bermadingizlar. Chanqagandim, ichgani hech narsa bermadingizlar. Musofir edim, uyingizdan boshpana bermadingizlar. Yalang‘och edim, Meni kiyintirmadingiz. Kasal bo‘ldim, zindonga tushdim, Meni kelib ko‘rmadingizlar. Shunda ular aytadilar: — Yo Rabbiy! Qachon Sizni och, chanqagan, musofir, yalang‘och, kasal holda yoki zindonda ekaningizni ko‘ribmiz? Agar ko‘rganimizda edi, nahotki Sizdan xizmatimizni ayagan bo‘lardik?! U esa shunday javob beradi: — Sizlarga chinini aytayin: sizlar eng kichik birodarimdan ayagan yaxshiligingizni Mendan ayagan bo‘lasiz. Bular abadiy jazoga, solihlar esa abadiy hayotga muyassar bo‘ladilar.” Iso bu gaplarni aytib bo‘lgach, shogirdlariga shunday dedi: “Ikki kundan keyin Fisih ziyofati bo‘lishini bilasizlar. Ana, o‘shanda Inson O‘g‘liga xoinlik qilishadi, Uni xochga mixlashadi.” Bu paytda bosh ruhoniylar va oqsoqollar Kayafa ismli oliy ruhoniyning saroyida yig‘ilgan edilar. Ular Isoni hiyla bilan tutib, o‘ldirish uchun fitna o‘ylab topdilar. Ammo ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda xalq g‘alayon qilishi mumkin”, dedilar. Iso Baytaniyada teri kasalligiga chalingan Shimo‘nning uyida mexmon bo‘lib o‘tirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan yasalgan idishda qimmatbaho atir moyi olib kelib, Isoning boshidan quydi. Shogirdlar buni ko‘rgach, g‘azablanib: — Bu isrofgarchilikning nima keragi bor? Axir, bu moyni katta pulga sotib, kambag‘allarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deyishdi. Shogirdlar nima to‘g‘risida gapirayotganlarini Iso bilib qolib, ularga dedi: — Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi. Kambag‘allar har doim sizlar bilan birga bo‘ladilar. Men esa har doim ham sizlar bilan birga bo‘lmayman. Ayol bu moyni tanamga to‘kib, Meni dafnga tayyorladi. Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi yerida e’lon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi. Shunda o‘n ikki shogirddan biri bo‘lgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib: — Agar Isoni sizlarga tutib bersam, menga nima berasizlar? — deb so‘radi. Ular Yahudoga o‘ttiz kumush tanga berdilar. O‘sha vaqtdan boshlab Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay fursatni kuta boshladi. Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik ko‘raylik. Iso dedi: — Shaharga falonchining oldiga borib, unga shunday deb aytinglar: Ustozimiz sizga: “Vaqtim yetdi. Men Fisih ziyofatini shogirdlarim bilan sizning uyingizda o‘tkazmoqchiman”, deb aytib yubordilar. Shogirdlar Isoning aytganini qilib, Fisih taomini tayyorladilar. Kech kirganda, Iso o‘n ikki shogirdi bilan dasturxon atrofiga yonboshladi. Ovqatlanayotganlarida Iso: — Sizlarga chinini aytayin, orangizdan bittangiz Menga xiyonat qiladi, — dedi. Shogirdlar qattiq xafa bo‘lib, birin–ketin: — Hazrat, nahotki meni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz? — deb so‘radilar. U esa shunday javob berdi: — Men bilan baravar kosaga nonni botirgan Menga xiyonat qiladi. Ha, Inson O‘g‘li U haqda yozilganday jon beradi. Ammo Inson O‘g‘liga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tug‘ilganidan ko‘ra tug‘ilmagani yaxshiroq edi. Sotqin Yahudo Isoga: — Ustoz, nahotki o‘sha men bo‘lsam? — dedi. — O‘zing aytding, — deb javob berdi Iso. Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo o‘qib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib: — Olib yenglar, bu Mening tanamdir, — dedi. Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini o‘qib, ularga uzatdi: — Bundan hammalaring ichinglar, — dedi. — Bu sharob Xudoning ahdini bildiradi. Bu Ahd ko‘plarning gunohini yuvish uchun to‘kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. Sizlarga shuni aytay: bir kun kelib, Men sizlar bilan birga Otamning Shohligida yangi sharob ichaman. Ammo o‘sha kun kelmaguncha endi sharobni og‘zimga ham olmayman. So‘ng ular hamdu sano kuylab, Zaytun tog‘i tomon ketdilar. Iso shogirdlariga dedi: — Bugun kechasi hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan: “Men cho‘ponni o‘ldiraman, Shunda suruvdagi qo‘ylar har yoqqa tarqalib ketadi.” Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman. Butrus Isoga dedi: — Sizni hamma tashlab ketsa ham, men tashlab ketmayman! Iso unga: — Senga chinini aytayin, shu kechasiyoq, xo‘roz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi. Butrus Unga: — Kerak bo‘lsa, Siz bilan birga o‘laman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlari ham shunday dedilar. Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Getsimaniya degan joyga bordi. Iso shogirdlariga: — Shu yerda o‘tirib turinglar, Men nariroqqa borib, ibodat qilaman, — dedi. U yoniga Butrusni va Zabadiyning ikki o‘g‘lini oldi. Isoni qayg‘u, g‘am qamradi. U shogirdlariga: — Yuragimdagi og‘ir qayg‘u Meni o‘lguday qiynab yubordi. Shu yerda qolinglar–da, ko‘z–quloq bo‘lib turinglar, — dedi. So‘ng bir oz nari ketib, yerga muk tushdi–da, shunday deb yolvordi: — Ey Otam, agar iloji bo‘lsa, bu azob kosasi Meni chetlab o‘tsin. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo‘lsin. U shogirdlari yoniga kelib, ularning uxlab yotganini ko‘rdi. Butrusga dedi: — Men bilan birga bir soatgina ham uyg‘oq o‘tira olmabsizlar–da! Ko‘z–quloq bo‘lib turinglar, vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir. Iso ikkinchi marta ketib, shunday deb iltijo qildi: — Ey Otam! Agar bu azob kosasidan qutulishimning iloji bo‘lmasa, mayli, Men o‘sha kosadan ichaman. Sening xohishing bajo bo‘lsin. U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini ko‘rdi. Ularning ko‘zlari yumilib ketayotgan edi. Iso ularning oldidan yana ketib, avvalgi so‘zlarini takrorlab, uchinchi marta ibodat qildi. So‘ng U shogirdlari yoniga qaytib kelib, ularga dedi: — Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Mana, vaqt–soati keldi, Inson O‘g‘li gunohkorlar qo‘liga tutib berilyapti. Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti! Iso hali gapirib bo‘lmasidan, Yahudo kelib qoldi. U o‘n ikki shogirddan biri bo‘lib, uning yonida qilich va tayoq ko‘tarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar va oqsoqollar yuborgan edilar. Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni o‘psam, U o‘sha Kishidir. Uni qo‘lga olinglar.” U to‘g‘ri Isoning oldiga borib: — Assalomu alaykum, Ustoz! — deb, Uni o‘pdi. Iso unga: — Do‘stim, qiladigan ishingni qilaqol, — deyishi bilanoq, odamlar Isoni ushlab, qo‘lga oldilar. Shunda Iso bilan birga bo‘lganlardan biri qilichini qinidan sug‘urdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulog‘ini kesib tashladi. Lekin Iso unga dedi: — Qilichingni qiniga solib qo‘y! Qilich ko‘targanlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladi. Kerak bo‘lganda edi, Men Otamga iltijo qilgan bo‘lardim. U Menga o‘sha zahotiyoq o‘n minglab farishtlarini yuborgan bo‘lardi. Shuni bilmaysanmi? Lekin bunday qilganimda edi, qanday qilib Muqaddas Bitiklar amalga oshardi? Axir, bularning hammasi sodir bo‘lishi kerak–ku! Shundan so‘ng Iso olomonga dedi: — Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?! Men har kuni Ma’bad hovlisida ta’lim berardim. Sizlar o‘shanda Meni qo‘lga olmadingizlar. Ammo bularning hammasi payg‘ambarlarning Muqaddas Bitiklardagi bashoratlari bajo bo‘lishi uchun ro‘y berdi. O‘shanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi. Isoni qo‘lga olganlar Uni oliy ruhoniy Kayafaning huzuriga olib keldilar. U yerda Tavrot tafsirchilari bilan oqsoqollar ham yig‘ilishgan edi. Butrus esa Isoga uzoqdan ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Butrus ichkariga kirib, oxiri nima bilan tugarkin, deb kuzatish uchun soqchilarning yoniga o‘tirdi. Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning barcha a’zolari Isoni o‘limga mahkum qilish uchun Unga qarshi soxta dalillar izlar edilar. Ancha guvohlar chiqqan bo‘lsa–da, yetarlicha ayblovchi dalillar topilmadi. Nihoyat, ikki soxta guvoh so‘zga chiqib, shunday aytishdi: — Bu Odam: “Men Xudoning Ma’badini buzib, uch kunda uni tiklay olaman ”, degan. Oliy ruhoniy o‘rnidan turib, Isoga: — Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qo‘ygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi. Iso esa indamadi. Oliy ruhoniy Unga dedi: — Barhayot Xudo haqi qasam ichib, ayt: Xudoning O‘g‘li — Masih Senmisan? Iso unga: — Gapingiz to‘g‘ri, — dedi. — Bundan buyon sizlar Inson O‘g‘lini Qodir Xudoning o‘ng tomonida o‘tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko‘rasizlar. Shunda oliy ruhoniy kiyimlarini yirtib dedi: — U kufrlik qilyapti–ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! Uning kufrlik qilganini hozirgina o‘zlaringiz eshitdingizlar. Sizlarning qaroringiz qanday? — U o‘limga loyiq! — deb javob berdi ular. So‘ng ular Isoning yuziga tupurib, Uni mushtlay boshladilar. Boshqalari esa Unga shapaloq urib: — Ey Masih! Qani top–chi, Seni kim urdi ekan? — derdilar. Bu paytda Butrus tashqarida hovlida o‘tirgan edi. Bir cho‘ri qiz uning yoniga kelib: — Siz ham o‘sha Jalilalik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi. Lekin Shimo‘n hammaning oldida buni inkor etib dedi: — Nima to‘g‘risida gapirayotganingizni tushunmayapman. So‘ng darvoza oldiga bordi. Shunda boshqa bir xizmatkor ayol uni ko‘rib, u yerda turganlarga: — Mana bu odam Nosiralik Iso bilan birga edi, — dedi. Shimo‘n esa qasam ichib: — Men Uni tanimayman! — deb yana Isodan tondi. Bir ozdan keyin u yerda turganlar kelib, Butrusga: — Siz o‘shalardan ekaningiz shevangizdan bilinib turibdi, — deyishdi. — Xudo ursin! Men bu Odamni tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus. Shu payt xo‘roz qichqirdi. Shunda Butrus Isoning: “Xo‘roz qichqirmasidan oldin, sen Mendan uch marta tonasan”, degan gapini esladi. U hovlidan chiqib, achchiq–achchiq yig‘ladi. Tong otganda, hamma bosh ruhoniylar bilan oqsoqollar Isoni o‘limga mahkum qilishga kelishib oldilar. Ular Isoni bog‘lab, Rimlik hokim Pilatga olib borib topshirdilar. Xoin Yahudo esa Isoning o‘limga mahkum etilganini bilib, qilgan ishidan pushaymon bo‘ldi. U o‘ttiz kumush tangani bosh ruhoniylar bilan oqsoqollarga qaytarib olib keldi. U: — Men gunoh qildim! Begunoh odamga xoinlik qildim, — dedi. Ular esa: — Bizga nima?! Bu sening ishing! — deyishdi. Yahudo kumush tangalarni Ma’badga otib yubordi–da, chiqib ketdi. U borib, o‘zini osib o‘ldirdi. Bosh ruhoniylar tangalarni terib olib: “Bu pulni Ma’bad xazinasiga qo‘sha olmaymiz, chunki bular qonga belangan”, — deyishdi. Ular maslahatlashib, bu pulga kulolning dalasini sotib oldilar, u yerga musofirlar dafn qilinadigan bo‘ldi. Shuning uchun o‘sha yer bugungacha “Qon Yeri” deb ataladi. [9-10] Shunday qilib, payg‘ambar Yeremiyoning bashorati bajo bo‘ldi: Egamiz menga amr qilganday Ular o‘ttiz kumush tangani olib, Kulolning dalasini sotib oldilar. Bu pul Isroil xalqining U uchun belgilagan narxi edi.” *** Iso Rimlik hokimning huzurida turganda hokim Isodan: — Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb so‘radi. — Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso. Bosh ruhoniylar bilan oqsoqollar Isoni ayblayotganlarida esa, U hech qanday javob bermadi. Shunda Pilat Unga: — Eshitmayapsanmi, Sening bo‘yningga qancha ayblar qo‘yishyapti! — dedi. Lekin Iso bironta ayblovga javob qaytarmadi. Hokim bunga qoyil qoldi. Hokimning bir odati bor edi: u har Fisih bayramida olomonning xohishiga ko‘ra bir mahbusni ozod qilar edi. O‘sha paytda otning qashqasiday taniqli bo‘lgan Yoshua Barabba ismli bir mahbus bor edi. Xalq to‘plangach, Pilat ulardan so‘radi: — Sizlar kimni ozod qilishimni istaysizlar: Barabbanimi yoki Masih deb atalgan Isonimi? Ular Isoni hasad tufayli qo‘lga tushirishganini Pilat bilar edi. Pilat hukm kursisida o‘tirgan edi, xotini unga shunday xabar yubordi: “Bu odam aybsiz, Unga biron narsa qila ko‘rmagin, kecha tushimda U sababli qattiq azob tortdim.” Ammo bosh ruhoniylar bilan oqsoqollar olomonni qayrab, Pilatdan: “Barabbani ozod qiling, Isoni esa o‘ldiring” — deb so‘rashga ularni ko‘ndirdilar. Hokim olomondan yana so‘radi: — Ikkovidan qaysi birini ozod qilishimni istaysizlar? — Barabbani! — deb javob berdi ular. Masih deb nom olgan Isoni nima qilay? — deb so‘radi Pilat. — Xochga mixlansin! — deyishdi bir og‘izdan. — U nima yomonlik qildi? — deb so‘radi hokim. Lekin olomon: — Xochga mixlansin! — deb battar baqirardi. Pilat qo‘lidan hech narsa kelmayotganini va g‘alayon boshlanayotganini ko‘rib: — Bu Odamning to‘kiladigan qoni uchun men aybdor emasman. Bunga o‘zlaringiz javob berasizlar! — dedi–da, olomonning ko‘zi oldida suv olib, qo‘llarini chaydi. Butun xalq bunga javoban: — Uning qoni bizning va bolalarimizning gardanida bo‘lsin! — deyishdi. Shundan so‘ng Pilat Barabbani ozod qildi. Isoni esa qamchilatib, xochga mixlashni buyurdi. Hokimning askarlari Isoni hukumat saroyiga olib borib, butun bo‘linmani Uning oldiga to‘plashdi. Ular Isoning kiyimlarini yechib olib, Uning egniga qizil to‘n kiydirdilar. Tikanlardan toj o‘rib, boshiga kiygizdilar. O‘ng qo‘liga qamish tutqizib, Uning oldida tiz cho‘kkancha: “Yashavor, ey yahudiylarning Shohi!” — deb masxara qildilar. So‘ng Unga tupurib, qamish bilan qayta–qayta boshiga urdilar. Uni shunday masxara qilganlaridan keyin, ustidagi to‘nni yechib olib, O‘zining kiyimlarini kiydirishdi. So‘ng Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi. Ular yo‘lda Kirineyalik Shimo‘n degan kishini uchratib qolib, Isoning xochini ko‘tarib borishga uni majbur qildilar. Ular Go‘lgota degan joyga yetib keldilar. Go‘lgota “Bosh suyagi” ma’nosini beradi. Askarlar u yerda Isoga ichgani achchiq o‘t aralashtirilgan sharob berdilar. Iso uni tatib ko‘rdi, ammo ichmadi. Askarlar Isoni xochga mixlab qo‘yishdi. Kiyimlari uchun qur’a tashlab, o‘zaro bo‘lishib olishdi. Keyin o‘sha yerda Isoni qo‘riqlab o‘tirishdi. Isoning bosh tomoniga ular: “Bu yahudiylarning Shohi Isodir”, degan aybini ko‘rsatuvchi yozuvni osib qo‘ydilar. Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlagan edilar. Ularning biri Isoning o‘ng tomonida, biri chap tomonida edi. O‘tib ketayotganlar boshlarini chayqab, Isoni haqoratlashardi: — Ey Ma’badni buzib uch kun ichida tiklaydigan! Agar Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, O‘zingni O‘zing qutqar–chi! Xochdan tushib ko‘r–chi! Bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va oqsoqollar ham ularga qo‘shilib, Isoni masxaralay ketishdi: — U boshqalarni qutqarardi, O‘zini esa qutqara olmaydi! U Isroilning Shohi emish! Qani, xochdan tushsin, shunda biz Unga ishonamiz. U Xudoga ishonardi. Agar Xudo Undan mamnun bo‘lsa, hozir Uni qutqarsin. Axir, U O‘zini Xudoning O‘g‘li deb atagan–ku! Iso bilan birga xochga mixlangan qaroqchilar ham Uni shunday haqoratlar edilar. Tushdan boshlab soat uchgacha hamma yoq zulmatga cho‘mdi. Soat uchlarda Iso baland ovoz bilan: — Eli, Eli, lamo shavaqtani? — deb faryod qildi. Bu so‘zning tarjimasi: “Ey Xudoyim! Ey Xudoyim! Nega Meni tark etding?!” — demakdir. U yerda turgan ba’zilar buni eshitib: — U Ilyosni chaqiryapti, — deyishdi. Ulardan biri yugurib borib, shimgichni oldi va arzon sharobga botirib, bir qamishning uchiga ildi–da, Isoga ichish uchun uzatdi. Boshqalari esa: — Qani ko‘raylik–chi, Ilyos kelib Uni qutqararmikan, — deyishdi. Ammo Iso qattiq faryod qildi–yu, jon berdi. Shu zahoti Ma’baddagi parda yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga bo‘linib ketdi. Yer larzaga keldi, toshlar yorildi. Qabrlar ochilib, taqvodor odamlarning ko‘pchiligi tirildi. Ular qabrlaridan chiqdilar, Iso tirilganidan keyin muqaddas shaharga bordilar. Ko‘p odamlar ularni ko‘rdi. Isoni qo‘riqlab turgan yuzboshi bilan yonidagi askarlar zilzilani va sodir bo‘layotgan barcha ishlarni ko‘rib, vahimaga tushdilar. Ular: — Haqiqatan ham bu Odam Xudoning O‘g‘li ekan! — dedilar. U yerda bir talay ayollar ham bor edi, ular uzoqdan qarab turgan edilar. U ayollar Jaliladan Isoga ergashib kelgan va Unga xizmat qilgandilar. Ularning orasida Magdalalik Maryam, Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam va Zabadiy o‘g‘illarining onasi ham bor edi. Kechqurun Yusuf degan arimatiyalik bir boy odam keldi. U ham Isoning shogirdi edi. Yusuf Pilatning huzuriga borib, Isoning jasadini so‘radi. Pilat jasadni unga berishni buyurdi. Yusuf jasadni olib, uni toza zig‘ir matoga kafanladi va o‘zi uchun qoyaga o‘ydirgan yangi qabrga qo‘ydi. Yusuf katta toshni yumalatib kelib, qabrning og‘zini yopdi va o‘zi ketdi. Magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam u yerda qolib, qabrning ro‘parasida o‘tiraverdilar. Shabbat arafasining ertasiga bosh ruhoniylar va farziylar Pilatning huzuriga yig‘ilishib, dedilar: — Hazrati oliylari, bir narsa esimizga tushib qoldi: o‘sha yolg‘onchi tirikligida: “Uch kundan keyin Men tirilaman”, degan edi. Shuning uchun buyruq bering: qabr uch kun qo‘riqlansin. Aks holda Uning shogirdlari borib, jasadni o‘g‘irlab ketadilar–da, odamlarga: “U o‘likdan tirildi” deb aytadilar. Bu yolg‘on birinchisidan ham battar bo‘ladi. Pilat ularga dedi: — Xo‘p, qo‘riqchilarni olib, qo‘lingizdan kelgancha, qabrni qo‘riqlanglar. Ular borib, qabr toshiga muhr bosdilar va qabrni qo‘riqlay boshladilar. Shabbat kunining ertasiga, yakshanba kuni tongotarda Magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam qabrni ko‘rgani borishdi. Shunda to‘satdan qattiq zilzila bo‘ldi, chunki Egamizning farishtasi osmondan tushib, qabr og‘zidagi toshni ag‘darib yubordi. Farishta o‘sha tosh ustiga o‘tirdi. Uning qiyofasi yashinday porlardi, kiyimlari qorday oppoq edi. Uni ko‘rib soqchilar shunchalik qo‘rqib ketdilarki, titrab, murdaday qotib qoldilar. Farishta ayollarga dedi: — Qo‘rqmanglar! Bilaman, sizlar xochga mixlangan Isoni qidiryapsizlar. U bu yerda yo‘q. O‘zi aytganiday, U tirildi. Mana, kelib ko‘ringlar, U shu yerda yotgan edi. Endi tezroq borib, Uning shogirdlariga: “Iso o‘likdan tirildi. U sizlarni Jalilada kutyapti. Uni o‘sha yerda ko‘rasizlar”, — deb aytinglar. Sizlarga aytadigan gapim shu edi. Ayollar shosha–pisha qabrdan ketdilar. Qo‘rquv va cheksiz sevinchga to‘lib, Isoning shogirdlariga xabar bergani yugurib ketdilar. Birdaniga Isoning O‘zi ularning qarshisidan chiqib: — Salom! — dedi. Ayollar Isoning oldiga borib, oyoqlariga yopishgancha Unga sajda qildilar. Iso ularga dedi: — Qo‘rqmanglar! Borib, birodarlarimga: “Jalilaga borar ekansizlar”, deb aytinglar. Ular Meni o‘sha yerda ko‘radilar. Ayollar ketganlaridan keyin, soqchilar bo‘linmasidan bir nechtasi shaharga kirib, yuz bergan voqea to‘g‘risida bosh ruhoniylarga aytib berdilar. Bosh ruhoniylar bilan oqsoqollar uchrashib, reja tuzdilar. Ular soqchilarga katta miqdorda pul berib, shunday dedilar: — Sizlar hammaga: “Isoning shogirdlari kechasi kelib, biz uxlab yotganimizda jasadni o‘g‘irlab ketishdi”, deb aytasizlar. Bordi–yu, bu xabar hokimning qulog‘iga yetib borgudek bo‘lsa, uni o‘zimiz ishontiramiz, sizlarni har qanday ko‘ngilsizlikdan xalos etamiz. Shunday qilib, soqchilar pulni olib, aytilganday qildilar. Voqeaning shu ta’rifi bugungi kungacha yahudiylar orasida keng tarqalgan. O‘n bir shogird Jalilaga, Iso ularga tayin etgan toqqa bordilar. Shogirdlar Isoni ko‘rganlari zahoti, Unga sajda qildilar, ba’zilari esa ikkilanib qoldilar. Iso kelib, ularga dedi: “Yeru osmondagi butun hokimiyat Menga berilgan. Shuning uchun borib, barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar. Zotan, Men har doim, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birga bo‘laman.” Xudoning O‘g‘li Iso Masih to‘g‘risidagi Xushxabar shunday boshlanadi. Ishayo payg‘ambarning kitobida yozilganki: “Mana, Men Sendan oldin O‘z elchimni yuboryapman, U Sening yo‘lingni hozirlaydi. Sahroda bir ovoz yangramoqda: Egamizga yo‘l hozirlang, Unga to‘g‘ri yo‘l oching!” Darvoqe, Yahyo cho‘mdiruvchi sahroda yashar va odamlarga: “Gunohlaringizdan tavba qilib, suvga cho‘minglar, shunda Xudo gunohlaringizni kechiradi”, deb va’z qilardi. Butun Yahudiya yurti va Quddus aholisi Yahyoning oldiga borishardi. Ular gunohlarini e’tirof etishar, Yahyo ularni Iordan daryosida cho‘mdirar edi. Yahyoning kiyimlari tuya junidan to‘qilgan bo‘lib, beliga teridan kamar bog‘lagan edi. U chigirtka va yovvoyi asal yer edi. U xalqqa shunday deb e’lon qilardi: “Ortimdan mendan ham qudratliroq bo‘lgan bir Zot kelmoqda. Men engashib Uning choriq iplarini yechishga ham arzimayman. Men sizlarni suvga cho‘mdiryapman, U esa sizlarni Muqaddas Ruhga cho‘mdiradi.” O‘sha kunlari Iso Jalila viloyatining Nosira shahridan Yahyo oldiga keldi. Yahyo Uni Iordan daryosida cho‘mdirdi. Suvdan chiqishi bilanoq Iso osmonning ochilib ketganini va Muqaddas Ruh Uning ustiga kaptarday tushib kelganini ko‘rdi. Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O‘g‘limsan, Sendan nihoyatda mamnunman”, degan ovoz eshitildi. Muqaddas Ruh Isoni darhol cho‘lga boshlab ketdi. Iso cho‘lda qirq kun bo‘lib, shayton tomonidan vasvasaga solindi. Iso yovvoyi hayvonlar orasida yashab, farishtalar Unga xizmat qilishardi. Yahyo zindonband qilingandan keyin, Iso Jalilaga borib, Xudoning Xushxabarini va’z qildi: “Vaqt–soati yetdi. Xudoning Shohligi yaqinlashdi! Tavba qilinglar, Xushxabarga ishoninglar!” Iso Jalila ko‘li bo‘ylab o‘tayotib, Shimo‘n va uning ukasi Idrisni ko‘rib qoldi. Ular baliqchi bo‘lib, ko‘lga to‘r tashlayotgan edilar. Iso ularga: — Ortimdan yuringlar, — dedi. — Men sizlarga odamlarni ovlashni o‘rgataman. Ular o‘sha zahotiyoq to‘rlarini tashlab, Isoga ergashdilar. Iso bir oz nari yurgach, Zabadiyning o‘g‘illari Yoqub va Yuhannoni ko‘rib qoldi. Ular qayiqda to‘rlarini yamab o‘tirishgan edi. Iso shu onda ularni ham chaqirdi. Ular otalari Zabadiyni va yollanma ishchilarni qayiqda qoldirib, Isoga ergashdilar. Ular Kafarnahum shahriga kirib borishdi. Shabbat kuni Iso sinagogaga kirib, ta’lim bera boshladi. Xaloyiq Isoning ta’limotini eshitib, hayratda qoldi, chunki U odamlarga Tavrot tafsirchilari kabi emas, balki hokimiyat egasiday ta’lim berar edi. O‘sha sinagogada yovuz ruhga chalingan bir odam bor edi. U to‘satdan qichqirib yubordi: — Ey Nosiralik Iso! Bizlar bilan nima ishing bor?! Sen bizni halok qilgani keldingmi? Sening kimligingni bilaman, Sen Xudoning Azizisan! Biroq Iso jinga do‘q urib: — Jim bo‘l! Undan chiqib ket! — dedi. Yovuz ruh u odamni qattiq siltadi, ovozi boricha baqirib, uning ichidan chiqib ketdi. Odamlar hayratlanib, bir–birlaridan so‘ray boshladilar: — Bu nimasi? Xokimiyatga ega bo‘lgan yangi ta’limot–ku! U yovuz ruhlarga buyruq beradi, yovuz ruhlar esa Unga bo‘ysunadi–ya! Shunday qilib, Isoning shuhrati Jalila viloyatining atroflariga yoyila boshladi. Iso, Shimo‘n, Idris, Yoqub, Yuhanno sinagogadan chiqib, to‘g‘ri Shimo‘n va Idrisning uyiga bordilar. Shimo‘nning qaynanasi isitmalab, to‘shakda yotgan edi. Iso kelishi bilanoq Unga bu haqda aytishdi. Iso ayolning yoniga bordi, qo‘lidan tutib, o‘tirg‘izib qo‘ydi. Shunda ayolning isitmasi tushdi, u mehmonlarga xizmat qila boshladi. Quyosh botib kech kirgan paytda, odamlar xastalarni va jinga chalinganlarni Isoning oldiga olib kelishdi. Butun shahar aholisi eshik oldiga yig‘ildi. Iso turli dardu illatlardan qiynalgan ko‘p odamlarni sog‘aytirdi. Ko‘plarning ichidan jinlarni quvib chiqardi. Jinlarning gapirishiga ijozat bermasdi, chunki jinlar Isoning kimligini bilishardi. Ertasi kuni saharda, tong yorishmasdan oldin, Iso o‘rnidan turib, uydan chiqib ketdi. Kimsasiz joyga borib, ibodat qildi. Shimo‘n va boshqalar Isoni qidirib ketdilar. Isoni topib: — Hamma Sizni izlab yuribdi! —dedilar. Iso ularga: — Yaqin atrofdagi qishloqlarga boraylik, Men u yerlarda ham voizlik qilay, chunki Men ana shu maqsadda kelganman, — dedi. Shunday qilib, Iso butun Jalila viloyatini kezib, u yerdagi sinagogalarda voizlik qilar va odamlarning ichidan jinlarni quvib chiqarar edi. Teri kasalligiga chalingan bir odam Isoning oldiga keldi. U tiz cho‘kib, yalindi: — Bilaman, agar istasangiz, meni bu kasallikdan poklay olasiz. Isoning unga rahmi kelib, qo‘lini uzatdi va unga tekkizib: — Istayman, pok bo‘l! — dedi. Shu zahoti o‘sha odam kasalligidan forig‘ bo‘lib, poklandi. [43-44] Iso uni qat’iy ogohlantirib dedi: — Menga qara! Bu to‘g‘rida birovga og‘iz ocha ko‘rma. Lekin borib o‘zingni ruhoniyga ko‘rsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir. Shu so‘zlar bilan Iso uni darhol jo‘natib yubordi. *** O‘sha odam esa ketayotib, ro‘y bergan hodisani bemalol har yoqqa yoya boshladi. Shu bois Iso biror shaharga ochiqchasiga bora olmay qoldi. Aksincha, shahardan tashqarida, kimsasiz joylarda yashaydigan bo‘ldi. Shunga qaramay, xaloyiq har tomondan Uning oldiga kelar edi. Bir necha kundan keyin Iso yana Kafarnahum shahriga keldi. Uning kelgani to‘g‘risidagi xabar tezda shaharga tarqaldi. Shu qadar ko‘p odam yig‘ildiki, Iso o‘tirgan uyning hatto eshigi oldida ham joy qolmadi. Iso xalqqa Xudoning so‘zini o‘rgatayotgan edi. Shu orada to‘rtta kishi bir shol odamni ko‘tarib keldilar. Olomon ko‘pligidan ular sholni Isoning oldiga olib bora olmay, uyning tomidan teshik ochdilar. Sholni to‘shagi bilan Isoning oldiga tushirdilar. Iso ularning ishonchini ko‘rib, sholga: — O‘g‘lim, gunohlaring kechirildi, — dedi. Bu yerda ba’zi Tavrot tafsirchilari o‘tirgan edilar. Ular ichlarida shunday deb o‘ylagan edilar: “Nega bu Odam bunday deyapti? Bu kufrlik–ku! Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi!” Iso shu onda ularning o‘y–fikrlarini bilib, dedi: — Nega bunday narsalarni o‘ylaysizlar? Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi”, deb aytishmi yoki: “O‘rningdan tur, to‘shagingni olgin–da, yur!” deb aytishmi? Inson O‘g‘liga yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar. U shunday dedi–yu, sholga: — Senga aytaman: O‘rningdan tur! To‘shagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi. Shol odam o‘rnidan turdi, darhol to‘shagini olib, hammaning ko‘z oldida chiqib ketdi. Hamma hayratga tushib: “Bunaqasini hech qachon ko‘rmagan edik”, deb Xudoni olqishlar edilar. Iso yana Jalila ko‘li bo‘yiga chiqdi. Tumonat xaloyiq Uning oldiga to‘plandi. Iso ularga ta’lim berdi. Iso ko‘l bo‘ylab yurarkan, soliq yig‘adigan joyda o‘tirgan Alfey o‘g‘li Levini ko‘rib qoldi. Iso unga: — Ortimdan yur! — dedi. Levi o‘rnidan turib, Isoga ergashdi. Bir ozdan keyin Iso Levining uyida mehmon bo‘ldi. Isoga ergashgan ko‘p soliqchilar va gunohkorlar ham Uning shogirdlari qatorida dasturxon atrofida o‘tirardilar. Iso gunohkorlar va soliqchilar bilan birga ovqatlanib o‘tirganini farziy mazhabidan bo‘lgan ba’zi Tavrot tafsirchilari ko‘rib, Uning shogirdlariga: — Bu qanday gap? U soliqchilaru gunohkorlar bilan birga ovqatlanib o‘tiribdi–ku! — deyishdi. Iso buni eshitib, shunday javob berdi: — Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman. Axir, sog‘lar emas, xastalar tabibga muhtojdir. Yahyoning ham, farziylarning ham shogirdlari ro‘za tutishar edi. Ba’zi odamlar Isoning yoniga kelib: — Nega Yahyoning shogirdlari va farziylarning shogirdlari ro‘za tutadi–yu, Sizning shogirdlaringiz tutmaydi? — deb so‘rashdi. Iso ularga dedi: — To‘yda mehmonlar ro‘za tuta oladilarmi? Albatta, yo‘q! Kuyov ular bilan birga bo‘lganda, ular ro‘za tuta olmaydilar. Biroq ular kuyovdan judo bo‘ladigan kunlar keladi, ana o‘shanda ro‘za tutadilar. Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Aks holda, yangi yamoq eski kiyimni battar yirtib yuboradi. Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki sharob meshni yorib yuboradi, sharob ham, mesh ham isrof bo‘ladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor. Shabbat kunlarining birida Iso bug‘doyzordan o‘tib ketayotgan edi. Uning shogirdlari yo‘l–yo‘lakay boshoqlarni uza boshladilar. Buni ko‘rgan farziylar Isoga: — Qara, nega ular Shabbat kuni qonunga xilof ish qilyaptilar? — deyishdi. Iso ularga dedi: — Dovud hamrohlari bilan och qolib, ovqatga muhtoj bo‘lganda nimalar qilganini nahotki sizlar hech o‘qimagan bo‘lsangiz?! U oliy ruhoniy Abuatar zamonida Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni yegan. Hatto hamrohlariga ham bergan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar yeyishga haqli edilar–ku! Keyin Iso davom etdi: — Inson Shabbat kuni uchun emas, balki Shabbat kuni inson uchun yaratilgan. Shu bois, Inson O‘g‘li Shabbat kunining ham Hokimidir. Boshqa bir kuni Iso sinagogaga kirdi. U yerda qo‘li shol bir odam bor edi. Isoni ayblamoqchi bo‘lgan ba’zi odamlar: “Iso Shabbat kuni ham bu odamga shifo berarmikan”, deb Uni kuzatib turardilar. Qo‘li shol odamga Iso: — Oldinga chiq! — dedi. So‘ng xaloyiqdan so‘radi: — Qonunga muvofiq Shabbat kuni yaxshilik qilish kerakmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilish kerakmi yoki halok qilishmi? Ular esa indamay turaverdilar. Iso odamlarning bunday bag‘ri toshligidan ranjib, atrofga g‘azab bilan qaradi. So‘ngra o‘sha odamga: — Qo‘lingni uzat! — dedi. U odam qo‘lini uzatishi bilanoq, qo‘li soppa-sog‘ bo‘lib qoldi. Farziylar esa darrov tashqariga chiqib: “Isoni qanday qilib o‘ldirsak ekan?” deb Hirod tarafdorlari bilan til biriktirishdi. [7-8] Iso shogirdlari bilan Jalila ko‘li tomonga ketdi. Unga bir talay olomon ergashdi. Uning qilgan ishlari to‘g‘risida eshitgan bu odamlar Jaliladan, Yahudiyadan, Quddusdan, Idumeya hududidan, Iordan daryosining sharqidagi yerlardan, shuningdek, Tir va Sidon atrofidagi hududlardan kelgan edilar. *** Odam ko‘pligidan oyoq ostida qolib ketmay, deb Iso shogirdlariga qayiq tayyorlab qo‘yishni buyurdi. Iso ko‘pchilikka shifo bergani uchun, hamma xastalar Isoga qo‘llarini tekkizmoqchi bo‘lib, U tomon yopirilishardi. Yovuz ruhga chalingan odamlar esa Isoni ko‘rgan zahoti, Uning oyoqlariga yiqilib: “Sen Xudoning O‘g‘lisan ”, — deb baqirib yuborishardi. Ammo Iso: “Mening kimligimni aytmanglar!” deb ularga qat’iy buyurardi. Shundan so‘ng Iso toqqa chiqib, O‘zi xohlagan odamlarni yoniga chaqirdi. Ular kelgach, Iso o‘n ikki odamni tanlab olib, ularga havoriylar deb nom berdi. So‘ngra dedi: — Men bilan birga bo‘lishlaringiz uchun sizlarni tanlab oldim. Men sizlarni va’z aytishga yuboraman. Sizlarga jinlarni haydash hokimiyatini beraman. Iso tanlab olgan o‘n ikki havoriy quyidagilardir: Shimo‘n (Iso unga Butrus deb nom berdi), Zabadiy o‘g‘illari Yoqub va Yuhanno (Iso ularga Baniragash, ya’ni “Momaqaldiroq o‘g‘illari”, deb nom berdi), yana Idris, Filip, Bartolomey, Matto, To‘ma, Alfey o‘g‘li Yoqub, Taddey, vatanparvar Shimo‘n va Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot. Shundan so‘ng Iso uyga ketdi. Ammo yana ko‘p xaloyiq to‘plangani uchun, Iso va shogirdlarining hatto non yeyishga ham vaqtlari bo‘lmadi. Isoning qilgan ishlari to‘g‘risida oila a’zolari eshitib: “Iso aqldan ozib qolibdi”, deb Uni olib ketgani keldilar. Quddusdan kelgan Tavrot tafsirchilari esa: — Uning ichiga Baalzabul kirib olgan. U Baalzabulning — ins–jinslar hukmdorining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti, — deyishdi. Shunda Iso ularni yoniga chaqirib, masal bilan so‘zlay boshladi: — Qanday qilib shayton shaytonni quvib chiqara oladi?! Agar bir shohlik nizo tufayli o‘z ichidan bo‘linib ketsa, bunday shohlik barbod bo‘ladi. Agar bir xonadon nizo tufayli o‘z ichidan bo‘linib ketsa, u xonadon barbod bo‘ladi. Bordi–yu, shaytonning shohligi o‘z–o‘ziga qarshi chiqib, bo‘linib ketsa, u barbod bo‘lib, kuni bitadi. Hech kim kuchli odamning uyiga bostirib kirib, uning mol–mulkini talon–taroj qilib olib keta olmaydi. Uyning egasini ug‘ri bog‘lab qo‘ysagina, uyini talon–taroj qila oladi. Sizlarga chinini aytayin: odamlarning qilgan gunohlari, aytgan har qanday kufrliklari kechiriladi. Ammo kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa, hech qachon kechirilmaydi, chunki bu abadiy gunohdir. Iso bu so‘zni, “Uni yovuz ruh chalgan”, — deganlari sababli aytdi. Isoning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. Ular Isoni chaqirib kelish uchun odam yuborib, o‘zlari uyning tashqarisida kutib turishdi. Isoning atrofida olomon o‘tirgan edi. Ular Isoga: — Ana, onangiz va ukalaringiz tashqarida Sizni so‘rayaptilar, — deyishdi. Iso ularga javoban: — Mening onam va ukalarim kim? — dedi. So‘ngra atrofida o‘tirganlarga nazar solib dedi: — Mana, Mening onam va ukalarim! Kimda–kim Xudoning irodasini bajo qilsa, u Mening ukam, singlim, onam bo‘ladi. Iso yana ko‘l bo‘yida ta’lim berdi. Uning atrofida shu qadar ko‘p olomon to‘plandiki, U ko‘ldagi qayiqqa tushib, o‘tirishga majbur bo‘ldi. Olomon esa ko‘l qirg‘og‘ida turardi. Iso masal orqali xalqqa ta’lim berib, shunday dedi: — Quloq solinglar! Urug‘ sepuvchi urug‘ sepgani chiqibdi. Urug‘ sepayotganda ba’zi urug‘lar so‘qmoq yo‘l ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urug‘larni cho‘qib ketibdi. Ba’zi urug‘lar tuprog‘i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq chuqur bo‘lmagani uchun, urug‘lar tez ko‘karib chiqibdi. Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi bo‘lmagani uchun so‘lib qolibdi. Boshqa urug‘lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o‘sib, urug‘larni bo‘g‘ib qo‘yibdi, urug‘lar hosil bermabdi. Yana boshqa urug‘lar esa yaxshi tuproqqa tushibdi va unib–o‘sib, o‘ttiz, oltmish, hattoki yuz barobar ko‘p hosil beribdi.” Keyin Iso yana dedi: “Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!” Iso o‘n ikki shogirdi va boshqa ba’zi odamlar bilan yolg‘iz qolganda, ular Isodan boyagi masalni tushuntirib berishini so‘radilar. Iso ularga dedi: “Xudo Shohligining siri sizlarga berilgan. Tashqaridagilarga esa hamma narsa masallar orqali anglatiladi. Zotan: ‘Ular ko‘rib turib, anglamaslar, Tinglab turib, tushunmaslar. Aks holda Xudoga qaytgan bo‘lardilar, Gunohlaridan forig‘ bo‘lgan bo‘lardilar.’” Iso ularga dedi: “Agar bu masalni tushunmagan bo‘lsangiz, boshqa masallarni qanday tushunasiz?! Urug‘ sepuvchining sepgani — Xudoning kalomidir. Ba’zi odamlar so‘qmoq yo‘l ustiga tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular kalomni eshitadilar, ammo o‘sha zahoti shayton kelib, ularning ichiga ekilgan kalomni olib ketadi. Boshqa odamlar toshloq yerga tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar. Lekin ularning ildizi bo‘lmagani uchun uzoqqa chidamaydilar. Kalom tufayli qayg‘u yoki quvg‘inga duchor bo‘lishsa, darrov chekinadilar. Boshqa birlari tikanlar orasiga tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular Xudoning kalomini eshitadilar, lekin dunyoning tashvishlari, boylikka o‘chlik va boshqa havaslar ularning yuraklariga kirib, kalomni bo‘g‘ib qo‘yadi, kalom esa samarasiz qoladi. Boshqa birlari esa yaxshi tuproqqa tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular kalomni eshitib, qabul qiladilar va o‘ttiz, oltmish, hatto yuz barobar hosil beradilar.” Iso ularga yana dedi: “Chiroqni olib kelib, idishning yoki so‘rining tagiga qo‘yadimi?! Aksincha, chiroqpoyaga qo‘yadi. Shu singari, yashirin har qanday narsa oshkora bo‘ladi, sirli bo‘lgan har qanday narsa ochiladi. Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!” Keyin ularga yana dedi: “Eshitayotganlaringizni qulog‘ingizga quyib oling! Siz qanday o‘lchov bilan o‘lchasangiz, xuddi shunday o‘lchov bilan sizga ham o‘lchab beriladi. Sizga yana qo‘shib beriladi. Kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, bori ham undan tortib olinadi.” Iso yana shunday dedi: “ Xudoning Shohligini shunga qiyoslasa bo‘ladi: dehqon dalasiga urug‘ ekadi. Kechasi bo‘ldimi, uxlaydi, kunduzi bo‘ldimi, turadi. Ammo urug‘ qanday unib chiqib, o‘sishini u bilmaydi. Yer o‘z–o‘zidan avval poyani, so‘ngra boshoqni, undan keyin boshoqdagi to‘liq donni yetishtiradi. Hosil pishgach, yig‘im–terim vaqti keldi, deb o‘sha odam darhol o‘roqni ishga soladi.” Iso yana dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga o‘xshatsak bo‘ladi?! Uni qanday masal bilan ifodalasak bo‘ladi?! Xudoning Shohligi xantal doniga o‘xshaydi: u yerga sepiladigan urug‘larning eng maydasidir. Lekin sepilgandan keyin ko‘karadi va barcha ko‘katlardan baland bo‘lib o‘sadi. Katta shoxlar chiqaradi, osmondagi qushlar ham uning panohida uya quradi.” Shunday qilib, Iso xalqning eshitish imkoniyatiga qarab, bu singari ko‘pgina masallar orqali Xudoning so‘zini o‘rgatardi. Masalsiz ularga gapirmas edi. Shogirdlari bilan yolg‘iz qolganda esa, ularga hammasini tushuntirar edi. O‘sha kuni kechqurun Iso shogirdlariga: — Ko‘lning narigi tomoniga o‘taylik, — dedi. Ular olomonni qoldirib, Isoni o‘tirgan qayig‘ida olib ketdilar. Isoning ketidan boshqa qayiqlar ham suzib ketdi. Shu orada ko‘lda kuchli bo‘ron ko‘tarildi. To‘lqinlar qayiqni tebratib yubordi, qayiq suvga to‘la boshladi. Iso esa qayiqning quyruq tomonida yostiqqa bosh qo‘yib, uxlab yotgan edi. Shogirdlar Isoni uyg‘otib: — Ustoz! Halok bo‘lyapmiz! Nahotki Sizga bari bir bo‘lsa?! — deyishdi. Shunda Iso turib, shamolga: “Jim bo‘l!”, ko‘lga: “Bas qil!” deb buyurdi. Shu onda shamol tindi, chuqur sukunat bo‘ldi. Iso shogirdlariga: — Nega qo‘rqasizlar? Nega haligacha ishonchingiz yo‘q? — dedi. Ular esa vahimaga tushib, bir–biriga shunday deyishdi: — Bu Kim bo‘ldi ekan–a? Shamol ham, ko‘l ham Unga bo‘ysunadi–ya! Iso shogirdlari bilan ko‘lning narigi qirg‘og‘idagi Gerasa hududiga yetib keldi. Iso qayiqdan tushishi bilanoq, yovuz ruhga chalingan bir odam qabrlar orasidan yugurib chiqib, Uni qarshiladi. U odam qabristonda yashardi. Uni hech kim hatto zanjir bilan ham bog‘lay olmasdi. Ko‘p marotaba uni kishanlaru zanjirlar bilan bog‘lagan bo‘lsalar–da, ammo u zanjirlarni uzib, kishanlarni ham sindirib tashlar edi. Uni tinchitishga hech kimning kuchi yetmas edi. Doimo, kechayu kunduz qabrlar orasida, tog‘larda baqirib yurar, badanini toshlar bilan tilib, jarohatlar edi. U Isoni uzoqdan ko‘rib, yugurib keldi–da, Unga ta’zim qilib, ovozi boricha baqirdi: — Ey Iso, Xudoyi Taoloning O‘g‘li! Meni tinch qo‘y! Xudo haqi Senga yolvoraman, menga azob berma! Chunki Iso unga: “Ey yovuz ruh, bu odamdan chiqib ket!” — deb buyurgan edi. Iso yovuz ruhdan: — Isming nima? — deb so‘radi. — Ismim Tumonat, chunki bizlar ko‘pchilikmiz, — deb javob berdi u. Ularni bu hududdan tashqariga haydab chiqarmasligini Isodan qayta–qayta yolvorib so‘radi. O‘sha tog‘ning yon bag‘rida katta cho‘chqa podasi o‘tlab yurgan edi. Yovuz ruhlar Isoga yolvorib: — Bizni shu cho‘chqalarga yuborgin, ularga kiraylik, — deyishdi. Iso ularga ruxsat berdi. Yovuz ruhlar esa shu zahoti u odamdan chiqib, cho‘chqalarga kirib olishdi. Ikki mingga yaqin cho‘chqa tik qiyalikdan ko‘lga yopirilib, cho‘kib ketdi. Shunda cho‘chqa boquvchilar qochib ketib, bo‘lib o‘tgan hodisani shahar va qishloqlarda gapirib yurdilar. Aholi esa nima bo‘lganini ko‘rishga bordi. Ular Isoning oldiga kelganlarida, ilgari tumonat jin qamragan odamni kiyingan va aqli raso holda o‘tirganini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Voqeani ko‘rganlar esa haligi odam jindan qanday qutulgani va cho‘chqalar bilan nima ro‘y bergani haqida xalqqa so‘zlab berishdi. Shunda mahalliy xalq Isodan: “Hududimizdan chiqib keting”, deb o‘tindi. Iso qayiqqa tushdi. Jindan qutulgan odam Isoga: “Siz bilan ketay”, deb yolvordi. Lekin Iso rozi bo‘lmadi. Unga shunday dedi: — Uyingga bor, Men — Rabbing sen uchun nimalar qilganimni, qanday rahm–shafqat ko‘rsatganimni o‘z yaqinlaringga gapirib ber. Shunda u kishi borib, Iso unga qanchalar muruvvat ko‘rsatganini Dekapolisda e’lon qila boshladi. Hamma hayratga tushardi. Iso qayiqda ko‘lning narigi tomoniga yana suzib o‘tdi. Bir talay olomon qirg‘oqda Uning atrofiga to‘plandi. Shu payt Yair ismli bir kishi kelib qoldi. U sinagoga oqsoqollaridan biri edi. U Isoni ko‘rdi–yu, oyog‘iga yiqilib: — Mening jajji qizim o‘lim to‘shagida yotibdi. Kelib unga qo‘lingizni tekkizing, u sog‘ayib tirik qolsin, — deb qayta–qayta yolvordi. Iso u bilan ketdi. Isoning orqasidan ko‘p xaloyiq ergashib, Uni qisib qo‘yar edi. U yerda o‘n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. U ko‘p tabiblar muolajasidan ancha qiynalib, butun mol–mulkini sarf etgani bilan hech foyda ko‘rmagan, ahvoli battar yomonlashib borardi. Ayol Iso haqida eshitdi–yu, xaloyiq orasida Isoning orqasidan kelib, kiyimiga qo‘l tekkizdi. U o‘zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog‘ayib ketaman”, — deb o‘ylagan edi. U shunday qilishi bilanoq, qon ketishi to‘xtadi. Ayol kasallikdan forig‘ bo‘lganini o‘z tanasida his etdi. Iso esa shu onda O‘zidan bir kuch chiqqanligini sezdi. U orqasiga o‘girilib xaloyiqdan: — Kiyimimga kim tegdi? — deb so‘radi. Shogirdlari Unga: — Sizni xaloyiq qisib turganligini ko‘rib turibsiz–ku! Nimaga yana: “Menga kim tegdi?” deb so‘rayapsiz? — deyishdi. Lekin Iso buni kim qilganini ko‘rish uchun atrofga qarar edi. Ayol o‘zida qanday o‘zgarish bo‘lganini bilib, titrab–qo‘rqib keldi, Isoning oyoqlari ostiga o‘zini tashlab, butun haqiqatni Unga so‘zlab berdi. Iso unga dedi: — Qizim, ishonching seni sog‘aytirdi. Eson–omon bor, dardingdan xalos bo‘lgin. Iso shunday deb turgan ham ediki, sinagoga oqsoqolining uyidan odamlar kelib unga: — Qizingiz o‘ldi, nega yana Ustozni ovora qilyapsiz? — dedilar. Iso bu so‘zlarni eshitib qolib, sinagoga oqsoqoliga: — Qo‘rqmang, faqat ishoning, — dedi. Iso hech kimning ergashishiga yo‘l qo‘ymay, faqat Butrus, Yoqub va uning ukasi Yuhannoni olib ketdi. Sinagoga oqsoqolining uyiga yetganlarida, bezovtalikni, dod–faryod qilayotgan odamlarni ko‘rdilar. Iso ichkariga kirib: — Nega bezovtasizlar? Nega yig‘layapsizlar? Qizcha o‘lmagan, u uxlab yotibdi, — dedi. Ular esa Isoning ustidan kulishdi. Iso hammani tashqariga chiqarib yubordi. U qizchaning ota –onasi va shogirdlarini olib qolib, qizcha yotgan xonaga kirdi. Qizchaning qo‘lidan ushlab unga: — Talifa kum! — dedi. Bu gapning tarjimasi: “Qizaloq, qani, o‘rningdan tur!” demakdir. O‘n ikki yashar qizcha shu onda o‘rnidan turdi, yurib, atrofni aylana boshladi. Buni ko‘rganlarning aqli shoshdi. Iso: — Buni hech kim bilmasin, — deb ularga qat’iy buyurdi va qizchaga ovqat berishlarini aytdi. Iso u yerdan jo‘nab, ona shahriga bordi. Shogirdlari ham Uning ortidan ergashdilar. Shabbat kuni Iso sinagogada ta’lim berdi. Uni tinglayotganlarning ko‘pchiligi hayratga tushib: — Bu Odam shuncha narsani qayerdan o‘rgandi ekan–a? — deb so‘rardilar. — Unga bunday donolikni kim berdi? U bunday mo‘jizalarni qanday qilyapti? Iye, U Maryamning duradgor o‘g‘li–ku! Yoqub, Yusuf, Yahudo va Shimo‘nning akasi emasmi bu?! Uning singillari ham oramizda yashaydi–ku! Odamlar Isodan qattiq xafa bo‘ldilar. Iso ularga shunday dedi: — Payg‘ambar ona shahridan, o‘z qarindosh–urug‘lari va uyidan boshqa hamma yerda izzatlanadi. Iso u yerda hech qanday mo‘jiza ko‘rsata olmadi. Faqatgina birmuncha bemorlarga qo‘l tekkizib, ularni sog‘aytirdi. Iso odamlarning ishonchsizligiga hayron qoldi. Shundan so‘ng Iso atrofdagi qishloqlarda kezib yurib, ta’lim berardi. O‘n ikki havoriyni yoniga chaqirib, ikkita–ikkitadan qilib jo‘nata boshladi. Ularga yovuz ruhlar ustidan hokimiyat berdi. Ularga buyurib dedi: “Yo‘l uchun yolg‘iz hassadan boshqa hech narsa — non ham, to‘rva ham, belbog‘laringizga mis chaqa ham qistirib olmanglar, oyog‘ingizga choriq kiyib, ustingizga qo‘shimcha kiyim olmanglar.” Iso yana dedi: “Biror yerga borib, bironta uyga kirganingizda, to o‘sha joyni tark etguningizgacha, shu uyda turinglar. Agar biror joyning odamlari sizni qabul qilmasa va sizga quloq solmasa, u yerdan chiqib ketayotganingizda ularni ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizning changini qoqib ketinglar.” Shunday qilib, havoriylar yo‘l yurib, tavba qilinglar, deb hammani da’vat qilishdi. Ular ko‘p jinlarni quvib chiqarishdi va ko‘p xastalarga moy surtib ularni sog‘aytirishdi. Isoning nomi el og‘ziga tushib qolgan edi. Shoh Hirodning qulog‘iga ham mish–mishlar yetib bordi. Ba’zi odamlar: “Yahyo cho‘mdiruvchi tirilib kelibdi. Shuning uchun U bunday ajoyibotlarni sodir qilmoqda”, deyishardi. Boshqalar esa: “Bu Ilyos ”, deb aytishardi. Yana boshqa birovlari: “Qadimgi payg‘ambarlarga o‘xshagan bir payg‘ambar bu”, deb aytardilar. Hirod bularni eshitib, shunday dedi: — Men boshini oldirgan Yahyo tirilib kelibdi. [17-18] Hirod o‘z ukasi Filipning xotini Hirodiyaga uylangan edi. Yahyo esa Hirodga: “Siz ukangizning xotiniga uylana olmaysiz, bu qonunga zid”, — deb aytar edi. Shuning uchun Hirod Yahyoni qo‘lga olib, zindonga qamatib qo‘ygan edi. *** Hirodiyaning ham Yahyoda qasdi bor edi. U Yahyoni o‘ldirmoqchi bo‘lardi, ammo bu niyatiga yeta olmayotgan edi. Negaki Hirod Yahyoning solih va muqaddas kishi ekanini bilib, undan qo‘rqar va uni himoya qilar edi. Uning so‘zlari Hirodni gangitib qo‘yardi, shunga qaramay Hirod uni eshitishni xush ko‘rardi. Bir kuni qulay fursat tug‘ilib qoldi. Hirod o‘zining tug‘ilgan kuni munosabati bilan amaldorlariga, lashkarboshilariga va Jalila viloyatining yo‘lboshchilariga ziyofat berdi. Hirodiyaning qizi kirib, raqs tushdi va Hirod bilan ulfatlarining ko‘nglini topdi. Shoh qizga: — Tila tilagingni, tilagan narsangni beraman, — dedi. Unga hatto qasam ichib: — Mendan nima so‘rasang, beraman, shohligimning yarmigacha bo‘lsa ham, beraman, — dedi. Qiz tashqariga chiqib onasiga: — Nima so‘ray? — dedi. — Yahyo cho‘mdiruvchining boshini so‘ra! — dedi onasi. Qiz shu onda shoh huzuriga yugurib borib: — Menga hoziroq Yahyo cho‘mdiruvchining boshini laganda keltirib berishingizni so‘rayman, — dedi. Shoh juda xafa bo‘ldi. Ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini rad etishni istamadi. U o‘sha zahoti jallodni yuborib, Yahyoning boshini keltirishni buyurdi. Jallod zindonga borib, Yahyoning boshini tanidan judo qildi. Keyin uning boshini laganda keltirib, qizga berdi. Qiz esa onasiga berdi. Yahyoning shogirdlari yuz bergan hodisani eshitib, uning jasadini olgani borishdi va uni dafn etishdi. Havoriylar Isoning oldiga yig‘ilib, qilgan hamma ishlarini, xalqqa nimalar o‘rgatishganini aytib berdilar. Iso ularga: — Kelinglar, yolg‘iz o‘zimiz kimsasiz joyga boraylik, bir oz dam olinglar, — dedi. Chunki kelib–ketuvchilar ko‘pligidan ularning ovqat yeyishga ham vaqti yo‘q edi. Iso bilan shogirdlari qayiqqa tushib, yolg‘iz o‘zlari kimsasiz joyga jo‘nab ketishdi. Lekin ko‘pchilik ularning qayerga ketayotganini bilib qoldilar. Shunda atrofdagi hamma shaharlardan odamlar piyoda yo‘lga tushishdi, Iso bilan shogirdlari borayotgan joyga yugurib, ulardan oldin yetib borishdi. Iso qayiqdan tushganda, katta bir olomonni ko‘rdi. Ularga achinib ketdi, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshardi. Iso ularga ko‘p narsalar haqida ta’lim berdi. Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech bo‘lib qoldi. Xalqni jo‘natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloq va ovullarga borib, o‘zlariga yegulik sotib olishsin. — Sizlar ularga ovqat beringlar! — dedi Iso. — Nahotki biz ikki yuz kumush tangaga non sotib olib kelib, xalqqa yedirsak? — deb so‘rashdi Undan. Iso dedi: — Qancha nonlaringiz bor? Borib ko‘ringlar. Ular bilib kelib: — Beshta non, ikkita baliq bor ekan, — deyishdi. Iso xaloyiqni guruh–guruh qilib, yashil o‘t ustiga o‘tqazishni shogirdlariga buyurdi. Xalq yuztadan va elliktadan guruh–guruh bo‘lib o‘tirdi. Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi va osmonga qarab, shukrona duosini o‘qidi. Nonlarni sindirib, xaloyiqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Ikkita baliqni ham hammaga taqsimlab berdi. Hamma yeb to‘ydi. So‘ng ortib qolgan non burdalarini va baliqlarni yig‘ib olishgan edi, o‘n ikki savat chiqdi. Non yeganlar besh ming erkak edi. Iso vaqt o‘tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, ko‘lning narigi tomonidagi Baytsayda shahriga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib jo‘natib yubordi. Odamlar bilan xayrlashgandan keyin, ibodat qilish uchun tepalikka chiqdi. Kech kirdi. Qayiq ko‘lning o‘rtasida, Iso esa yolg‘iz O‘zi quruqlikda qolgan edi. Shogirdlar eshkak eshishga qiynalayotgan edilar, chunki shamol qayiqqa qarshi esar edi. Iso buni ko‘rib, erta saharda ko‘l ustida yurganicha shogirdlari tomon keldi–da, yonlaridan o‘tib ketmoqchi bo‘ldi. Shogirdlar esa ko‘l yuzida yurgan Isoni ko‘rib, arvoh deb o‘ylab, baqirib yuborishdi. Chunki hammalari Uni ko‘rib, vahimaga tushib qolgan edilar. Lekin Iso o‘sha zahoti ularga: — Dadil bo‘linglar! Qo‘rqmanglar, bu Menman! — dedi. So‘ng Iso shogirdlari yoniga — qayiqqa o‘tgach, shamol tinib qoldi. Shogirdlar tamomila hayratga tushdilar, chunki ular non to‘g‘risidagi mo‘jizani ham tushunmagan edilar, buni anglashga aqllari yetmas edi. Ular ko‘ldan suzib o‘tib, Genisaret o‘lkasiga keldilar. O‘sha yerda qayiqni bog‘ladilar. Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi. Odamlar butun yurtni yugurib aylanib chiqdilar, xastalarni to‘shaklarda Isoning oldiga olib bordilar. Ular har safar Isoning qayerdaligini eshitishsa xastalarni o‘sha yerga olib borishardi. Iso qayerga bormasin — qishloqlargami, shaharlargami, ovullargami — odamlar xastalarni ochiq maydonlarga yotqizib qo‘yishardi. Xastalar Isodan: “Hech bo‘lmasa kiyimingizning etagiga qo‘l tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qo‘l tekkizganlarning hammasi shifo topardi. Farziylar va Quddusdan kelgan ayrim Tavrot tafsirchilari Isoning yoniga yig‘ilib keldilar. Iso shogirdlarining ba’zilari harom, ya’ni yuvilmagan qo‘llari bilan non yeyayotganlarini ular ko‘rib qoldilar. Farziylar va umuman yahudiylar ota –bobolarining urf–odatini saqlab, qo‘llarini yaxshilab yuvmay hech ovqat yemaydilar. Bozordan qaytganlarida ham yuvinmay ovqat yemaydilar. Shuningdek, kosa, tovoq, qozon va so‘rini yuvish kabi ko‘pgina udumlarga rioya qiladilar. Shunday qilib, farziylar va tafsirchilar Isodan so‘radilar: — Nega Sizning shogirdlaringiz ota–bobolaringizning urf–odatini saqlashmaydi? Nima uchun harom qo‘llari bilan non yeyishadi? Iso ularga shunday javob berdi: — Ishayoning bashorati siz ikkiyuzlamachilarga juda to‘g‘ri keladi, u yerda yozilganki: “Bu xalq Meni tildagina izzat qiladi, Yuraklari esa Mendan uzoqdir. Ular Menga behuda sajda qiladilar, Inson yaratgan qoidalarni ilohiy qonun deb o‘rgatadilar.” Sizlar Xudoning amrlarini yig‘ishtirib qo‘yasizlar, insoniy urf–odatlarga esa yopishib olasizlar. Iso yana ularga dedi: — Ha, sizlar urf–odatlaringizni saqlash uchun, Xudoning amrlarini chetlab o‘tishning zo‘r yo‘lini topgansizlar! Muso aytgan edi: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xo‘rlagan har qanday odamga o‘lim jazosi berilsin.” Ammo sizlar shunday ta’lim berasizlar: odam o‘z otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga qurbon (ya’ni Xudoga in’om qilingan)”, deb aytishi mumkin. Shundan keyin o‘sha odamning otasiga yoki onasiga yaxshilik qilishiga sizlar yo‘l qo‘ymaysizlar. Shu tariqa sizlar o‘zlaringiz o‘rnatgan urf–odatlaringiz orqali Xudoning kalomini bekor qilasizlar. Sizlar bunga o‘xshash yana ko‘p ishlarni qilasizlar. Keyin Iso butun xalqni yana yoniga chaqirib, dedi: — Hammalaringiz Menga quloq solib, tushunib olinglar! [15-16] Tashqaridan inson ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmaydi. Aksincha, inson ichidan chiqadigan narsa uni harom qiladi. *** Iso xaloyiq orasidan chiqib uyga kirdi, shogirdlar Undan: “Haligi aytganlaringizni tushuntirib bering”, deb iltimos qilishdi. Iso ularga dedi: — Sizlar ham shunchalik befahmmisizlar?! Tashqaridan insonning ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmasligini anglamaysizlarmi? Bu narsalar insonning qalbiga emas, qorniga kiradi va kerak joydan chiqib ketadi. Iso bu gaplari bilan hamma yeguliklar halol ekanini e’lon qildi. U yana dedi: — Insonning ichidan chiqadigan narsalar insonni harom qiladi. Chunki ichdan, ya’ni inson qalbidan yomon fikrlar, zino, o‘g‘irlik, qotillik, fahsh, ochko‘zlik, fosiqlik, makkorlik, shahvat, hasad, tuhmat, manmanlik va nodonlik chiqadi. Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi. Iso u yerdan chiqib, Tir hududiga ketdi. Bir uyga kirdi va buni hech kim bilib qolishini istamas edi, lekin yashirina olmadi. Qizalog‘ini yovuz ruh chalgan bir ayol Iso haqida eshitib qoldi–da, tez kelib, Uning oyog‘iga yiqildi. Bu ayol Suriyaning Finikiya o‘lkasida tug‘ilgan bo‘lib, yahudiy emas edi. U: “Qizimdan jinni quvib chiqaring”, — deb Isodan yolvorib so‘radi. Biroq Iso unga: — Avval bolalar to‘ysin, bolalardan nonni olib kuchuklarga tashlash yaxshi emas, — dedi. — To‘g‘ri, Hazrat, — dedi ayol. — Lekin kuchuklar ham bolalarning dasturxonidan to‘kilgan ushoqlarini yeydi–ku. Iso unga: — Mana shu gaping uchun Senga yordam beraman. Endi ketaver. Qizingdan jin chiqib ketdi, — dedi. Ayol uyiga borganda, qizini jindan qutulib, to‘shakda yotgan holda ko‘rdi. Iso Tir hududidan chiqib, Sidonga bordi. So‘ng Jalila ko‘li bo‘ylaridan o‘tib, Dekapolisga bordi. Ayrim odamlar Isoning oldiga zo‘rg‘a gapiradigan bir kar odamni olib kelib, unga qo‘l tekkizishini so‘rashdi. Iso u odamni xaloyiq orasidan bir chetga olib chiqdi, so‘ng O‘z barmoqlarini uning quloqlariga tiqib qo‘ydi. So‘ng tupurib, so‘lagini o‘sha odamning tiliga tekkizdi. Keyin osmonga qarab, chuqur xo‘rsindi–da, unga: — Effatah! — dedi. Bu so‘zning tarjimasi “Ochil!” demakdir. Shu onda u odamning quloqlari ochilib, tilga kirdi, ravongina gapira boshladi. Iso u yerdagilarga, buni hech kimga aytmanglar, deb buyurdi. Biroq Iso odamlarga qancha man etsa ham, ular bu hodisani yanada ko‘proq yoyishardi. Ular haddan tashqari hayratda qolib, shunday deyishardi: “U hamma narsani yaxshi qiladi, karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qiladi.” O‘sha kunlarda yana ko‘p odam yig‘ildi. Ularning yeyish uchun hech narsalari qolmaganda, Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: — Xalqqa achinyapman. Ular uch kundan beri Men bilan birga, yeyishga hech narsasi yo‘q. Agar ularni uylariga ovqat bermay jo‘natib yuborsam, yo‘lda holdan toyib qoladilar. Ularning ba’zilari uzoq yerlardan kelganlar. Shogirdlari bunga javoban: — Ularni to‘ydirish uchun bu kimsasiz joyda kim qayerdan non topa olardi?! — deyishdi. — Qancha nonlaringiz bor? — deb so‘radi Iso. — Yettita, — dedi shogirdlar. Shundan keyin Iso xalqqa yerga o‘tirishni buyurdi. Yettita nonni olib, shukrona duosini o‘qib sindirdi va tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi. Ularda bir nechta mayda baliq ham bor edi. Iso baliqlar uchun shukrlar aytib, baliqlarni ham tarqatishni buyurdi. Xalq yeb to‘ydi. Ortib qolgan non burdalarini yig‘ishganda, yettita savat to‘ldi. U yerda to‘rt mingga yaqin odam bor edi. Iso ularni jo‘natgandan keyin, darhol shogirdlari bilan qayiqqa tushib, Dalmanuta hududiga ketdi. Farziylar Isoning oldiga borib, U bilan bahslasha boshladilar. Uni sinab ko‘rish maqsadida shunday dedilar: “Bizga bir mo‘jizali alomat ko‘rsating, shunda Sizni Xudo yuborganini tan olamiz.” Lekin Iso chuqur xo‘rsindi: — Nega bu avlod alomat talab qilyapti? Sizlarga chinini aytayin, bu avlodga hech qanday alomat berilmaydi! Iso ularning oldidan ketdi, yana qayiqqa tushib, narigi qirg‘oqqa o‘tib oldi. Shogirdlar o‘zlari bilan non olishni unutgan ekanlar. Qayiqda bir dona non bor edi, xolos. Shu orada Iso shogirdlarini ogohlantirib dedi: — Farziylar va Hirodning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar! Shogirdlar o‘zlaricha: “Biz non olmaganimiz uchun U shunday deyapti”, deb muhokama qila boshladilar. Shogirdlar nimani muhokama qilayotganlarini Iso bilib, ularga dedi: — Nega sizlar, nonimiz yo‘q, deb aytyapsizlar? Hali ham tushunmayapsizlarmi, anglamayapsizlarmi? Shunga ham aqlingiz yetmayaptimi?! Ko‘zlaringiz bor–ku, nahotki ko‘rmasangiz?! Quloqlaringiz bor–ku, nahotki eshitmasangiz?! Eslab ko‘ring: Men beshta nonni sindirib, besh mingta erkakka bo‘lib berganimda, sizlar qolgan non burdalari bilan nechta savatni to‘ldirib olgansizlar? — O‘n ikkita savatni, — deb javob berdi ular. — Men yettita nonni sindirib, to‘rt ming kishiga bo‘lib berganimda, burdalari bilan nechta savatni to‘ldirib olgansizlar? — Yettita savatni, — deyishdi. — Hali ham anglamadingizmi? — deb so‘radi ulardan Iso. Iso shogirdlari bilan Baytsayda qishlog‘iga keldi. Odamlar Isoning oldiga bir ko‘rni olib kelib: “Unga qo‘lingizni tekkizib qo‘ying”, deb yolvordilar. Iso ko‘rning qo‘lidan ushlab, qishloqdan yetaklab olib chiqdi. So‘ng ko‘zlariga tupurib, qo‘llarini uning ustiga qo‘ydi–da: — Biron narsa ko‘ryapsanmi? — deb so‘radi. Ko‘r boshini ko‘tarib: — Odamlarni ko‘ryapman, lekin ular yurayotgan daraxtlarga o‘xshaydi, — dedi. Shundan keyin Iso qo‘llarini yana ko‘rning ko‘zlariga tekkizdi. Ko‘r odam ko‘zlarini ochib qarasa, sog‘ayib qolgan, hamma narsani aniq ko‘rayotgan edi. Iso uni uyiga jo‘natar ekan: — Qishloqqa kirmay, to‘g‘ri uyingga ket, — dedi. Iso shogirdlari bilan Filip Qaysariyasi atrofidagi qishloqlarga yo‘l oldi. Yo‘lda U shogirdlaridan: — Odamlar Meni kim deb biladi? — deb so‘radi. Shogirdlar Isoga shunday javob berishdi: — Ba’zilar Sizni Yahyo cho‘mdiruvchi deb hisoblaydilar, ba’zilar Ilyos, boshqalari esa, qadimgi payg‘ambarlardan biri, deb aytib yuribdilar. Iso ulardan so‘radi: — Sizlar–chi, Meni kim deb bilasiz? Butrus Unga javob berib: — Siz Masihsiz, — dedi. Shundan so‘ng Iso, Men haqimda hech kimga gapirmanglar, deb shogirdlariga qat’iy buyurdi. Iso shogirdlariga shunday deb uqtira boshladi: “ Inson O‘g‘li ko‘p azob chekadi. Oqsoqollar, bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari tomonidan rad qilinib, o‘ldiriladi. Uch kundan keyin esa tiriladi.” U bu haqda ochiqdan–ochiq gapirdi. Shunda Butrus Isoni chetga tortib: “Ustoz, bunday deb aytmang”, dedi. Ammo Iso o‘girilib shogirdlariga qaradi–da, Butrusni qattiq koyib dedi: — Yo‘qol ko‘zimdan, shayton! Sen Xudoning ishlarini emas, inson ishlarini o‘ylayapsan, — dedi. Shundan so‘ng Iso xalq bilan shogirdlarini oldiga chaqirib dedi: — Kimda–kim Menga ergashishni istasa, o‘zidan kechsin va o‘z xochini ko‘tarib, ortimdan yursin. Kim o‘z jonini asrab qolmoqchi bo‘lsa, uni yo‘qotadi. Kim Men uchun va Xushxabar uchun jonini bersa, jonini asrab qoladi. Agar inson butun dunyoni egallab olsa–yu, o‘z jonidan mahrum bo‘lsa, bundan unga nima foyda?! Inson o‘z joni evaziga qanday to‘lov bera oladi?! Bu bevafo va gunohkor nasl orasida Mendan va Mening so‘zlarimdan uyalmanglar! Aks holda Inson O‘g‘li muqaddas farishtalar bilan birga Otasining ulug‘vorligiga burkanib kelganda, U ham sizlardan uyaladi. Iso ularga yana dedi: — Sizlarga chinini aytayin, bu yerda turganlardan ba’zilari borki, ular Xudoning Shohligini qudrat bilan kelishini ko‘rmagunlaricha, o‘lmaydilar. Oradan olti kun o‘tdi. Iso yoniga Butrus, Yoqub va Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi. U yerda, ularning ko‘z o‘ngida Isoning qiyofasi o‘zgarib ketdi. Uning kiyimlari ham ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib qoldi, yer yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi. Shunda shogirdlar Iso bilan gaplashib turgan Ilyos bilan Musoni ko‘rishdi. Butrus Isoga dedi: — Ustoz, yaxshi ham shu yerda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga. Shogirdlar shunchalik qo‘rqib ketgan edilarki, Butrus nima deb aytayotganini o‘zi ham bilmas edi. Shu paytda bulut paydo bo‘lib, ularga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz eshitildi: — Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Unga quloq solinglar! Birdaniga shogirdlar atrofga qarab, yolg‘iz Isodan boshqa hech kimni ko‘rishmadi. Tog‘dan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi: — Inson O‘g‘li o‘lib tirilmaguncha, bu ko‘rganlaringizni hech kimga aytmanglar. Ular bu haqda hech kimga aytmadilar, ammo o‘zaro: “O‘likdan tirilish nima degani ekan?” deb, bu xususda munozara qila boshladilar. Ular Isodan so‘radilar: — Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos kelishi kerak, deb aytadilar? Iso ularga javoban dedi: — To‘g‘ri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklaydi. Xo‘sh, Muqaddas Bitiklarda, Inson O‘g‘li ko‘p azob chekishi va xo‘rlanishi kerak, deb ham yozilmaganmi?! Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan va u haqda yozilganidek, uni xohlaganicha ho‘rladilar. Iso uch shogirdi bilan tog‘dan tushganda, ular qolgan shogirdlari atrofiga yig‘ilgan katta olomonni ko‘rdilar. Ba’zi Tavrot tafsirchilari Isoning shogirdlari bilan bahslashayotgan edilar. Odamlar Isoni ko‘rib, hayratga tushishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi. — Nimalar to‘g‘risida bahslashyapsizlar? — deb so‘radi Iso. Olomon orasidan kimdir javob berdi: — Ustoz! Sizning oldingizga o‘g‘limni olib kelgan edim, uni jin chalgani uchun gapira olmaydi. Jin uni qayerda tutib olsa, yerga yiqitadi. O‘g‘limning og‘zidan ko‘pik chiqadi, u tishlarini g‘ichirlatib, qotib qoladi. Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, dedim, ammo ular eplay olmadilar. Iso bunga javoban: — Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan bo‘laman? Qachongacha sizlarga toqat qilaman? Oldimga keltiringlar bolani! — dedi. Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Isoni ko‘rishi bilanoq jin bolani qaltiratib tashladi. Bola yerga yiqildi–yu, og‘zidan ko‘pik oqizgancha ag‘nab yotaverdi. Iso uning otasidan: — Qachondan beri u bunday ahvolga tushadi? — deb so‘radi. — Bolaligidan shunaqa. Jin uni halok qilmoqchi bo‘lib ko‘p marotaba olovga, suvga tashladi. Agar qo‘lingizdan kelsa, bizlarga rahm qiling, yordam bering, — dedi. Iso unga shunday javob berdi: — “Qo‘lingizdan kelsa” deganing nimasi?! Agar odam ishonsa, hamma narsaning imkoni bor. Shu on bolaning otasi hayqirib yubordi: — Ishonaman! Ishonchsizligimni yengishimiga yordam bering! Tomoshaga yig‘ilayotgan xalqni ko‘rgan Iso yovuz ruhga do‘q qilib: — Ey, gung qiladigan ruh, Men senga buyuraman: boladan chiqib ket! Bundan keyin hech qachon uning ichiga qaytib kirma! — dedi. Shunda jin qattiq qichqirib yubordi–da, bolani shiddat bilan qaltiratib, undan chiqib ketdi. Bola o‘likday bo‘lib qolganidan, ko‘pchilik uni o‘ldi, deb aytdi. Lekin Iso uni qo‘lidan ushlab turishiga yordam berdi, bola oyoqqa turdi. Iso uyga kirdi. U yolg‘iz ekan, shogirdlari Undan: — Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb so‘radilar. Iso ularga dedi: — Bu toifa jinlarni ibodatdan boshqa yo‘l bilan haydab bo‘lmaydi. Iso va shogirdlari u yerdan jo‘nab, Jalila viloyatidan o‘tdilar. Iso buni hech kim bilib qolishini istamas edi. U shogirdlariga ta’lim berib, shunday dedi: — Inson O‘g‘li odamlar qo‘liga tutib beriladi. Uni o‘ldirishadi, uch kundan keyin esa U tiriladi. Shogirdlar esa bu so‘zlarni tushunmadilar, ammo Undan gaplarining ma’nosini so‘rashga botina olmadilar. Iso shogirdlari bilan Kafarnahum shahriga keldi. Uyda bo‘lganda, shogirdlaridan so‘radi: — Yo‘lda ketayotib nimalar haqida bahslashdingiz? Ular indamadilar, chunki ular: “Oramizda eng katta kim?” deb o‘zaro bahslashgan edilar. Iso o‘tirib, o‘n ikki shogirdini yoniga chaqirdi: — Kim birinchi bo‘lishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor bo‘lsin, — dedi. So‘ngra bir bolani olib, ularning o‘rtasiga turg‘izib qo‘ydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi: — Kim shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan bo‘ladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan bo‘ladi. Yuhanno Isoga dedi: — Ustoz! Biz bir odamni ko‘rdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani uchun unga bunday qilishni man etdik. Iso shunday dedi: — Man etmang! Chunki Mening nomim bilan mo‘jiza yaratgan biror bir kimsa darrov Meni yomonlay olmaydi. Kim bizga qarshi bo‘lmasa, u biz tomonda. Sizlarga chinini aytay: Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun sizga bir piyola suv bergan har qanday odam albatta mukofotini oladi. Iso so‘zida davom etib dedi: — Menga ishongan shu kichiklarning birontasini yo‘ldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan ko‘ra, o‘sha odamning bo‘yniga tegirmon toshini osib, uni dengizga tashlashgani o‘zi uchun yaxshiroq bo‘lardi. [43-44] Agar yo‘ldan ozishingga qo‘ling sababchi bo‘lsa, uni chopib tashla. Ikki qo‘ling bilan so‘nmas do‘zax o‘tiga yo‘liqqaningdan ko‘ra, mayib bo‘lib abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir. *** [45-46] Agar yo‘ldan ozishingga oyog‘ing sababchi bo‘lsa, uni chopib tashla. Ikki oyog‘ing bilan do‘zaxga tashlangandan ko‘ra, cho‘loq bo‘lib abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir. *** Agar yo‘ldan ozishingga ko‘zing sababchi bo‘lsa, uni o‘yib tashla. Ikki ko‘zing bilan do‘zaxga tashlangandan ko‘ra, bir ko‘z bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir. Do‘zaxning qurti ham o‘lmas, olovi ham so‘nmas. Har bir odam olovda tuzlanib, poklanadi. Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz o‘z sho‘rligini yo‘qotsa, qanday qilib tuzni sho‘r qila olasizlar?! Tuzday totli bo‘linglar, o‘zaro tinch–totuv yashanglar. Iso u yerdan ketib, Yahudiya o‘lkasiga, so‘ng Iordan daryosining narigi tomoniga bordi. Uning atrofiga yana ko‘p xalq yig‘ildi. U O‘z odatiga ko‘ra, odamlarga yana ta’lim berdi. Ba’zi farziylar keldilar va Isoni sinamoqchi bo‘lib, so‘radilar: — Qonunga ko‘ra, er o‘z xotinidan ajralishi mumkinmi? Iso bunga javoban: — Muso sizlarga nimani amr qilgan? — deb so‘radi. — Erkak taloq xatini yozib, xotinidan ajralishiga Muso ijozat bergan edi, — deyishdi. Iso ularga dedi: — Bag‘ri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan. Aslida Xudo dunyoni yaratganda odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi. Shuning uchun erkak kishi ota –onasidan bo‘lak chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar.” Bunga ko‘ra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar. Xudo birga qo‘shganni hech kim ajratmasin. Uyga kelganlarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan so‘radilar. Iso ularga dedi: — Kim o‘z xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan bo‘ladi. Xotin ham agar o‘z eri bilan ajrashib boshqasiga tegsa, zino qilgan bo‘ladi. Iso bolalarimizga qo‘l tekkizsin, deb odamlar Uning oldiga bolalarini olib kelishardi. Shogirdlar esa o‘sha odamlarni koyishardi. Iso buni ko‘rganda, g‘azablanib dedi: — Bolalarga yo‘l qo‘yinglar, Mening oldimga kelishiga to‘sqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir. Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi. Keyin bolalarni quchoqlab, ularga qo‘l qo‘yib, duo qildi. Iso yo‘lga chiqayotganda, bir odam yugurib kelib, Uning oldida tiz cho‘kdi–da: — Valine’mat Ustozim! Abadiy hayotga erishish uchun nima qilishim kerak? — deb so‘radi. Iso unga dedi: — Nega Meni valine’mat deysiz? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine’mat emas. Siz amrlarni bilasiz: “Qotillik qilmang. Zino qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Yolg‘on guvohlik bermang. Birovning haqini yemang. Ota-onangizni hurmat qiling.” U kishi Isoga dedi: — Ustozim! Bularning hammasiga yoshligimdan buyon rioya qilib kelaman. Iso unga mehr bilan qarab, dedi: — Sizga bir narsa yetishmaydi. Boring, bor narsangizni soting, pulini kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. Keyin kelib, Menga ergashing. Bu so‘zlardan boyning ta’bi xira bo‘ldi. U qayg‘urib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki ko‘p edi. Iso atrofga razm solib, shogirdlariga dedi: — Mol–dunyosi borlarning Xudo Shohligiga kirishlari naqadar qiyin! Bu so‘zlarni eshitib, shogirdlarning aqli shoshdi. Iso esa takrorlab dedi: — Bolalarim, Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin! Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroqdir. Shogirdlar haddan tashqari ajablanib o‘zlaricha: — Unday bo‘lsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi. Iso ularga ko‘zini tikib dedi: — Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun emas. Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor. Shunda Butrus Isoga dedi: — Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik. Iso bunga javoban dedi: — Sizlarga chinini aytayin: kim Men uchun va Xushxabar uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki dalalarini tashlab ketsa, u bu dunyoning o‘zidayoq yuz hissa ortiq uy–joylarga, aka–ukalarga, opa–singillarga, onalarga, bolalarga va dalalarga ega bo‘ladi, shu bilan birga quvg‘in ham qilinadi. Narigi dunyoda esa abadiy hayotga sazovor bo‘ladi. Ammo birinchi bo‘lganlarning ko‘plari oxirgi bo‘ladilar, oxirgilar esa birinchi bo‘ladilar. Iso bilan shogirdlari Quddusga qarab ketayotgan edilar. Iso yo‘l boshlab borardi. Shogirdlar xavotirda edi, Isoning ortidan ergashgan xalqni esa vahima qamrab olgandi. Iso o‘n ikki shogirdini chetga olib, O‘zi bilan yuz beradigan voqealarni ayta boshladi: — Mana, biz Quddusga ketyapmiz. U yerda Inson O‘g‘li bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qo‘liga tutib beriladi. Ular Uni o‘limga mahkum qilib, g‘ayriyahudiylarga topshiradilar. G‘ayriyahudiylar Uni haqorat qiladilar, yuziga tupuradilar, qamchilaydilar va Uni o‘ldiradilar. Lekin uch kundan keyin U tiriladi. Zabadiy o‘g‘illari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib: — Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingizni istaymiz, — deyishdi. — Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? — deb so‘radi Iso. Ular: — Siz ulug‘vor taxtingizda o‘tirganingizda, birimiz Sizning o‘ng tomoningizda, boshqamiz esa chap tomoningizda o‘tirishimizga ruxsat bering, — deyishdi. Iso ularga dedi: — Sizlar nima so‘rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan azob kosasidan sizlar icha olasizlarmi? Men boshdan kechiradigan qayg‘u–alamlarga botib chiday olasizlarmi? Ular: — Chiday olamiz, — deb javob berishdi. Iso ularga dedi: — Sizlar–ku Men ichadigan azob kosasidan ichasizlar, boshdan kechiradigan qayg‘u–alamlarimga o‘zingiz ham duchor bo‘lasizlar. Ammo Mening o‘ng yoki chap tomonimda o‘tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu o‘rin kimlarga atalgan bo‘lsa, ularniki bo‘ladi. Qolgan o‘nta shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlanib ketishdi. Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi: — Butparastlarga qaranglar, ular hukmdorlariga izzat ko‘rsatadi, hukmdorlari esa ularga o‘z hukmini o‘tkazadi, katta amaldorlar elga zo‘ravonlik qiladi. Ammo sizlarning orangizda bunday bo‘lmasin. Aksincha, orangizda kim katta bo‘lishni istasa, sizlarga xizmat qilsin. Orangizda kim birinchi bo‘lishni istasa, hammangizga qul bo‘lsin. Axir, Inson O‘g‘li ham O‘ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O‘zi xizmat qilish va O‘z jonini fido qilib, ko‘plarni ozod qilish uchun kelgan. Iso bilan shogirdlari Yerixo shahriga keldilar. Ular shahardan chiqib ketayotganlarida bir talay xaloyiq ularga ergashdi. Timey o‘g‘li Bartimey ismli bir ko‘r tilanchi yo‘l chekkasida o‘tirgan edi. U Nosiralik Iso o‘tib ketayotganini eshitib: — Ey Dovud O‘g‘li Iso, menga rahm qil! — deb baqira boshladi. Ko‘p odamlar esa unga: “Jim bo‘l!” deb jerkishdi. Lekin u: — Ey Dovud O‘g‘li, menga rahm qil! — deb yanada qattiqroq baqirdi. Iso to‘xtab: “Uni chaqirib kelinglar”, dedi. Odamlar kelib, ko‘r odamga: “Dadil bo‘l, o‘rningdan tur. U seni chaqiryapti”, deb aytishdi. Ko‘r to‘nini yechib tashlab, o‘rnidan sakrab turdi–da, Isoning yoniga keldi. Iso undan so‘radi: — Sen Mendan nima istaysan? — Ustozim, ko‘zlarim ko‘rsin! — dedi ko‘r. Iso unga: — Boraver, ishonching seni sog‘aytirdi, — dedi. O‘sha zahoti u ko‘ra boshladi. So‘ng Isoning ortidan ergashib ketdi. Iso shogirdlari bilan Quddusga yaqinlashib qolgan edilar. Ular Zaytun tog‘i etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga yetib kelayotganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasiga dedi: — Anavi qishloqqa boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, bog‘liq turgan va hech qachon minilmagan xo‘tikni ko‘rasizlar. O‘sha xo‘tikni yechib, bu yerga olib kelinglar. Agar kimdir sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb so‘rab qolsa, “Bu xo‘tik Rabbimiz Masihga kerak, xo‘tikni U darhol bu yerga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar. Ular borib, ko‘chada darvoza yonida bog‘lab qo‘yilgan xo‘tikni ko‘rib, yechib olishdi. U yerda turgan bir necha kishi ularga: — Nima qilyapsizlar? Nega xo‘tikni yechyapsizlar? — deb so‘rashdi. Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qo‘yib yuborishdi. Shogirdlar xo‘tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Xo‘tik ustiga to‘nlarini tashlashdi, Iso xo‘tikka mindi. Ko‘pchilik to‘nlarini yo‘lga poyandoz qilib yoydi. Boshqalar esa dashtdagi yashil novdalarni kesib, yo‘lga to‘shadilar. Oldinda va orqada yurayotganlar shunday deb hayqirishardi: “Tasanno! Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin! Bobomiz Dovudning yaqinlashgan shohligi muborak bo‘lsin! Falak toqida Unga tasanno o‘qilsin!” Iso Quddusga kirib, Ma’badga bordi, hamma narsani ko‘zdan kechirdi. Kun kech bo‘lib qolganidan, Iso o‘n ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlog‘iga qaytib ketdi. Ertasi kuni ular Baytaniyadan chiqqanlarida, Isoning qorni och edi. U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini ko‘rib qoldi, daraxtdan biron anjir topa olarmikanman, deb bordi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi, chunki hali anjir terish vaqti emas edi. Iso daraxtga qarab: — Bundan keyin to abad sening mevangni hech kim yemasin! — dedi. Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi. So‘ng ular Quddusga kelishdi. Iso Ma’badga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kaptar sotuvchilarning kursilarini ag‘darib yubordi. Sotiladigan molni Ma’bad ichidan olib o‘tishga hech kimga ijozat bermadi. Iso xalqqa ta’lim berayotib dedi: — Tavrotda yozilgan–ku: “Mening uyim, barcha xalqlarning Ibodat Uyi, deb ataladi.” Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar! Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari buni eshitib, Isoni halok qilish payiga tushdilar. Butun xalq Isoning ta’limotiga mahliyo bo‘lgani uchun, bosh ruhoniylar bilan tafsirchilar Undan qo‘rqib qoldilar. Kech kirgach, Iso shogirdlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketdi. Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan o‘tib qarashsa, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan. Butrus bo‘lgan hodisani eslab, Isoga dedi: — Ustoz! Qarang, Siz la’natlagan anjir daraxti qurib qolibdi. Iso bunga javoban dedi: — Xudoga ishonchingiz bo‘lsin. Sizlarga chinini aytayin: agar kimki bu toqqa: “Qo‘porilib dengizga otil”, desa–yu, o‘z qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani bo‘ladi. Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki so‘rasangiz, oldim, deb ishoninglar va sizga beriladi. [25-26] Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz bo‘lsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin. *** Ular yana Quddusga keldilar. Iso Ma’badda aylanib yurgan edi, bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va oqsoqollar Uning oldiga kelib so‘radilar: — Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bularni qilish uchun Sizga kim hokimiyat bergan? Iso ularga shunday javob berdi: — Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. Yahyo xalqni suvga cho‘mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Javob beringlar Menga. Ular o‘zlaricha mulohaza yurita boshlashdilar: “Agar Xudodan desak, U: ‘Nega Yahyoga ishonmadingizlar?’ — deydi. Agar insondan desak–chi?” Vaholanki, ular olomondan qo‘rqardilar, chunki hamma Yahyoni haqiqiy payg‘ambar, deb hisoblardi. Xullas, ular Isoga: — Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman. Iso xalqqa masallar orqali so‘zlay boshladi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Atrof–tevaragini devor bilan o‘rab, uzum siqadigan chuqur qazibdi, kuzatuv minorasini quribdi. Keyin uzumzorni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi safarga ketibdi. Yig‘im–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun o‘sha odam xizmatkorini bog‘bonlar oldiga yuboribdi. Bog‘bonlar esa uni tutib olishibdi, kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. Uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini ularning oldiga yuboribdi. Ular bunisini ham boshiga urib, haqorat qilibdilar. Yana boshqasini yo‘llabdi, unisini esa o‘ldirishibdi. U yana xizmatkorlarini yuboraveribdi, ammo bog‘bonlar ularning ba’zilarini urib, ba’zilarini o‘ldirishibdi. Uzumzor egasining endi birgina odami qolibdi, u ham bo‘lsa, sevikli o‘g‘li ekan. U: “O‘g‘limni hurmat etarlar”, — deb, bog‘bonlar oldiga uni yuboribdi. Lekin ular bir–biriga: — Bu merosxo‘r–ku! Uni o‘ldiraylik, shunda meros bizga qoladi, — deyishibdi. O‘g‘lini ushlab, o‘ldirib, jasadini uzumzordan chiqarib tashlashibdi. Xo‘sh, sizningcha, endi uzumzor egasi nima qilar ekan? U kelib bog‘bonlarni o‘ldiradi, uzumzorni esa boshqalarga ijaraga beradi. Nahotki sizlar Muqaddas Bitiklardagi ushbu so‘zlarni hech o‘qimagan bo‘lsangiz: “Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi. Bu Egamizning qilgan ishidir, Ko‘z oldimizdagi ajoyibotdir.” Iso aytgan bu masal yahudiy yo‘lboshchilarga qarshi qaratilgan edi. Ular buni anglab yetdilar–u, Isoni qo‘lga olmoqchi bo‘ldilar. Ammo xalqdan qo‘rqqanlari uchun Unga qo‘l tekkizmay ketib qoldilar. Isoni tilidan ilintirish uchun Uning oldiga farziylardan va Hirod tarafdorlaridan ba’zilarini yubordilar. Ular kelib dedilar: — Ustoz, odil ekaningizni bilamiz. Siz biror kishiga xushomadgo‘ylik qilmaysiz. Odamlarga yuz–xotir qilmasdan, Xudoning yo‘lini to‘g‘ri o‘rgatasiz. Ayting–chi, Qaysarga soliq to‘lashimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? Biz soliq to‘laylikmi yoki to‘lamaylikmi? Iso ularning ikkiyuzlamachiligini bilar edi. — Nima, Meni sinab ko‘rmoqchimisizlar? Menga bir kumush tanga olib kelinglar, bir ko‘rayin, — dedi. Ular olib kelgach, Iso so‘radi: — Bu surat va yozuv kimniki? — Qaysarniki, — dedi ular. Iso ularga: — Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi. Buni eshitganlar hayratda qoldilar. Sadduqiylar o‘liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba’zilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar: — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan: “Agar birovning akasi farzand ko‘rmay o‘tib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin.” Yetti aka–uka bo‘lgan ekan. Birinchisi uylanibdi, so‘ng nasl qoldirmay o‘lib ketibdi. Ikkinchisi ham o‘sha xotinni olib, farzand ko‘rmay olamdan o‘tibdi. Uchinchisi ham shu ko‘yga tushibdi. Shuningdek, aka–ukalarning yettovi ham farzand ko‘rmay olamdan o‘tibdi. Oxirida xotin ham qazo qilibdi. Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda xotin qaysi birining xotini hisoblanadi? Yettovi ham unga uylangan edilar–ku! Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlar Muqaddas Bitiklarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar. O‘liklar tirilganda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar, balki bamisoli osmondagi farishtalarday bo‘ladilar. O‘liklarning tirilishi haqidagi masalaga kelsak: nahotki sizlar hech qachon Musoning kitobini o‘qimagan bo‘lsangizlar?! Yonayotgan buta to‘g‘risidagi parchada Xudo Musoga: “Men Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman”, — degan–ku! Axir, Xudo o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Sizlar nihoyatda adashyapsizlar. Tavrot tafsirchilaridan biri ularning munozara qilayotganini eshitib, Isoning ularga yaxshi javob berib turganini ko‘rdi. U Isoning oldiga kelib: — Amrlarning eng muhimi qaysi biri? — deb so‘radi. Iso unga javob berib dedi: — Eng muhim amr shudir: “Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudoyimizdir, Egamiz tanhodir. Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving.” Eng muhim amrlardan ikkinchisi: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.” Bulardan buyukroq amr yo‘q. — Yaxshi gapirdingiz, Ustoz, — dedi tafsirchi Isoga. — Xudo tanhodir, Undan boshqa Xudo yo‘q, deb to‘g‘ri aytdingiz. Uni butun qalbimiz, butun idrokimiz, kuchimiz boricha sevishimiz kerak. O‘zgani ham o‘zimizni sevganday sevishimiz kerak. Bu — kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar keltirishdan a’loroqdir. Iso uning oqilona javob berganini ko‘rib: — Sen Xudoning Shohligidan uzoqda emassan, — dedi. Shundan keyin hech kim Isoga savol berishga jur’at etmadi. Iso Ma’badda ta’lim berayotib, shunday savol berdi: — Qanday qilib Tavrot tafsirchilari Masihni Dovudning o‘g‘li deydilar? Dovudning o‘zi Muqaddas Ruh ilhomi bilan deganki: “Egamiz aytmoqda Rabbimga: Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirib turgin.” Demak, Dovudning o‘zi Masihni Rabbim deb atagan bo‘lsa, qanday qilib Masih Dovudning o‘g‘li bo‘ladi?! Bir talay olomon Isoni ishtiyoq bilan tinglar edi. Iso xalqqa nasihat qilib, yana shunday dedi: — Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot bo‘linglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni yaxshi ko‘radilar, bozorlarda odamlar ularga salom berishlarini, sinagogalarda yaxshi joylarda o‘tirishni, ziyofatlarda to‘rda o‘tirishni yoqtiradilar. Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xo‘ja ko‘rsinga uzoq duo o‘qiydilar. Bunday odamlar og‘irroq jazoga duchor bo‘ladilar. Iso Ma’bad xazinasi qarshisida o‘tirib, ehson qutisiga pul solayotgan odamlarni kuzatib turdi. Ko‘p boylar anchagina pul tashladilar. Bir kambag‘al beva ayol ham kelib, qiymati bir tiyinga to‘g‘ri keladigan ikki chaqa tashladi. Shunda Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: — Sizlarga chinini aytayin, bu kambag‘al beva ayol xazinaga pul tashlaganlarning hammasidan ham ko‘proq tashladi. Chunki boylarning hammasi o‘zlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Bu ayol esa kambag‘alligiga qaramasdan, o‘zining bor-yo‘g‘ini, ro‘zg‘origa ishlatiladigan hamma pulini tashladi. Iso Ma’baddan chiqib ketayotganda shogirdlaridan biri: — Ustoz, qarang, naqadar ulkan toshlar, naqadar hashamatli binolar! — dedi. Iso unga: — Bu hashamatli binolarni ko‘ryapsanmi? Bularning hammasi shunchalik vayron bo‘ladiki, tosh ustida turgan tosh qolmaydi, — dedi. Iso Zaytun tog‘ida, Ma’badning ro‘parasida o‘tirgan vaqtda Butrus, Yoqub, Yuhanno va Idris Undan alohida so‘radilar: — Bizga ayting–chi, bu aytganlaringiz qachon yuz beradi? Tez orada sodir bo‘lishini nimadan bilsak bo‘ladi? Iso ularga shunday javob berdi: “Ehtiyot bo‘linglar, hech kim sizlarni yo‘ldan ozdirmasin! Ko‘p kishilar o‘zlarini Mening nomim bilan atab: “Men O‘shaman”, — deb ko‘plarni yo‘ldan ozdiradilar. Sizlar urush sadolarini va uzoqdan kelgan urush xabarlarini eshitganingizda, cho‘chimanglar. Bular albatta sodir bo‘ladi, ammo bu hali oxiri degani emas. Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi ko‘tariladi. Ayrim joylarda zilzilalar, qahatchiliklar bo‘ladi. Bu hodisalar esa bamisoli to‘lg‘oqning boshlanishidir. Sizlar esa o‘zingizga ehtiyot bo‘linglar. Chunki sizlarni mahkamalarga topshirib, sinagogalarda uradilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va shohlar huzurida turg‘izib qo‘yadilar, sizlar esa Mening shohidlarim bo‘lasizlar. Ammo oxirat kelishidan oldin, Xushxabar hamma xalqlarga e’lon qilinishi lozim. Sizlarni qo‘lga olib, mahkamaga topshirganlarda, nima aytamiz, deb oldindan xavotir olmanglar. O‘sha soatda sizlarga nima berilsa, o‘shani aytinglar. Chunki o‘shanda sizlar emas, balki Muqaddas Ruh gapiradi. Aka ukasini, ota bolasini o‘limga topshiradi. Bolalar o‘z ota–onalariga qarshi chiqib, ularni o‘ldirtiradilar. Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi.” Ko‘p harom –xarish ishlarga sabab bo‘ladigan makruh bir narsaning man etilgan joyga o‘rnatilganini ko‘rganingizda (o‘qigan tushunib olsin!), Yahudiyada bo‘lganlar tog‘larga qochishsin. Tomning ustida bo‘lganlar pastga tushib, uyidan biron narsa olib kelish uchun uyiga kirishmasin. Dalada bo‘lganlar esa to‘nini olgani qaytib kelmasin. U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Qochishingiz qishga to‘g‘ri kelmasligi uchun iltijo qilinglar. Chunki o‘sha kunlarda shunday azob–uqubatlar bo‘ladiki, Xudo dunyoni yaratganidan to hozirgacha bunday bo‘lmagan va qaytib sodir bo‘lmaydi. Agar Egamiz o‘sha kunlarni qisqartirmaganda edi, hech bir jonzot omon qolmas edi. Lekin Xudo tanlagan odamlari uchungina o‘sha kunlarni qisqartiradi. Agar o‘shanda kimdir sizlarga: “ Masih mana bu yerda” yoki: “Ana u yerda”, — deb aytsa, ishonmanglar. Chunki soxta masihlar va soxta payg‘ambarlar paydo bo‘lib, iloji bo‘lsa, tanlangan odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun alomatu mo‘jizalar ko‘rsatadilar. Sizlar esa ehtiyot bo‘linglar. Men hammasini sizlarga oldindan aytib qo‘ydim. Ammo o‘sha kunlarda, azob–uqubatlardan keyin Quyosh qorayadi, oyning nuri so‘nadi. Osmondan yulduzlar qulab tushadi, Samoviy kuchlar larzaga keladi. Shunda hamma odam Inson O‘g‘lini ko‘radi. Inson O‘g‘li buyuk qudrat va ulug‘vorlikka burkanib, bulutlarda keladi. U farishtalarini yerning to‘rt tomoniga yuborib, dunyoning bir burchagidan boshqa burchagigacha tanlagan odamlarini to‘plab oladi.” “Anjir daraxtidan saboq olinglar: uning shoxlari ko‘karib barg chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar. Shu singari, mana bu voqealar sodir bo‘lganda, bilingki, o‘sha vaqt yaqinlashib qolgan, ostonangizga yetgan. Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o‘tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo‘ladi. Yeru osmon yo‘q bo‘lib ketadi, ammo Mening so‘zlarim kuchda qoladi. O‘sha kun yoki soat haqida Otamdan boshqa hech kim bilmaydi. O‘g‘il ham, osmondagi farishtalar ham bilmaydilar. Ehtiyot bo‘lib, hushyor turinglar, chunki o‘sha vaqt–soat qachon kelishini sizlar bilmaysizlar. Bu xuddi safarga jo‘nagan uy egasiga o‘xshaydi. U o‘z uy–ro‘zg‘orini xizmatkorlariga topshirib, har biriga vazifa berib, darvozabonga hushyor bo‘lib turishni buyurib, jo‘nab ketadi. Xuddi shu singari, sizlar ham hushyor bo‘lib turinglar. Chunki uy egasi qachon kelishini — kechqurunmi, yarim tundami, xo‘rozlar qichqirgandami yoki ertalabmi — sizlar bilmaysizlar. Tag‘in U nogahon kelib, sizlarni uxlab yotgan holda ko‘rmasin! Sizlarga aytganimni hammaga aytaman: hushyor bo‘linglar!” Fisih ziyofatiga va Xamirturushsiz non bayramiga ikki kun qolgan edi. Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni hiyla bilan tutib, o‘ldirish uchun fursat poylab yurgan edilar. Ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda xalq g‘alayon qilishi mumkin”, dedilar. Iso Baytaniya qishlog‘ida teri kasalligiga chalingan Shimo‘nning uyida mehmon bo‘lib o‘tirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan yasalgan idishda toza, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi. Idishni sindirib, moyni Isoning boshidan quydi. Ba’zilar bundan g‘azablanib, bir–biriga: — Moyni bunday isrof etishning nima keragi bor edi?! Axir, uni uch yuz kumush tangadan ham ko‘proqqa sotib kambag‘allarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deb ayolni qattiq koyishdi. — Qo‘yinglar uni! — dedi Iso. — Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi. Kambag‘allar har doim sizlar bilan birga bo‘ladilar. Istagan vaqtingizda ularga yordam bera olasizlar. Lekin Men sizlar bilan doimo birga bo‘lmayman. Bu ayol qo‘lidan kelganini qildi. U Mening tanamga xushbo‘y moy surtib, oldindan dafnga tayyorladi. Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi yerida e’lon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi. Shunda o‘n ikki shogirddan biri bo‘lgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib, Isoni sizlarga tutib beraman, dedi. Bosh ruhoniylar bu gapni eshitib, juda xursand bo‘ldilar, Yahudoga pul berishni va’da qildilar. Shunday qilib, Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay vaqtni kuta boshladi. Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida, Fisih qo‘zisi so‘yiladigan paytda, shogirdlar Isodan so‘radilar: — Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik ko‘raylik. Iso shogirdlaridan ikkitasini yuborayotib, ularga dedi: — Shaharga boringlar, u yerda ko‘zada suv ko‘tarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. Uning orqasidan boringlar. U kiradigan xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini yemoqchilar. U sizdan: ‘Bizga tayyorlab qo‘yilgan mehmonxona qayerda?’ deb so‘rab yubordilar.” Uy egasi sizlarga jihozlangan, tayyorlab qo‘yilgan katta boloxonani ko‘rsatadi. U yerda biz uchun hozirlik ko‘ringlar. Shogirdlar jo‘nashdi. Shaharga kirganlarida, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih taomini tayyorladilar. Kech kirganda, Iso o‘n ikki shogirdi bilan birga u yerga keldi. Ular ovqatlanib o‘tirganlarida Iso shunday dedi: — Sizlarga chinini aytayin, Men bilan taom yeyayotgan kishi Menga xiyonat qiladi. U sizlarning orangizdadir. Shogirdlar xafa bo‘lib, birin–ketin: — Nahotki o‘sha men bo‘lsam? — deb Undan so‘ray boshladilar. Iso ularga javoban dedi: — U o‘n ikkitangizdan bittasi, Men bilan baravar kosaga nonni botirgan — o‘shadir. To‘g‘ri, Inson O‘g‘li U haqda yozilganday jon beradi. Lekin Inson O‘g‘lini tutib beradigan odamning holiga voy! Uning tug‘ilganidan ko‘ra tug‘ilmagani yaxshiroq edi. Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo o‘qib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib: — Olinglar, bu Mening tanamdir, — dedi. Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini o‘qib ularga uzatdi. Hammalari undan ichdilar. Iso ularga dedi: — Bu sharob Xudoning ahdini bildiradi. Bu Ahd ko‘plar uchun to‘kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. Sizlarga chinini aytayin: Xudoning Shohligida Men yangi sharob ichadigan kungacha uzum ne’matidan boshqa ichmayman. So‘ng ular hamdu sano kuylab, Zaytun tog‘i tomon ketdilar. Iso shogirdlariga dedi: — Hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan: “Men cho‘ponni o‘ldiraman, Shunda qo‘ylar har yoqqa tarqalib ketadi.” Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman. Butrus Isoga dedi: — Sizni hamma tashlab ketsa ham, men Sizni tashlab ketmayman! Iso unga: — Senga chinini aytayin, bugun, shu kechasiyoq, xo‘roz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi. Lekin Butrus o‘z gapida qattiq turib oldi: — Kerak bo‘lsa, Siz bilan birga o‘laman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlar ham shunday deyishdi. Ular Getsemaniya degan joyga bordilar. Iso shogirdlariga: — Men ibodat qilayotganimda, sizlar shu yerda o‘tirib turinglar, — dedi. U yoniga Butrusni, Yoqub va Yuhannoni oldi. Isoni qayg‘u, g‘am bosib kela boshladi. Shogirdlariga: — Yuragimdagi og‘ir qayg‘u Meni o‘lguday qiynab yubordi. Shu yerda qolinglar–da, ko‘z–quloq bo‘lib turinglar, — dedi. Bir oz nari ketib yerga muk tushdi: “Agar iloji bo‘lsa, bu lahza Meni chetlab o‘tsin”, deb ibodat qildi. So‘ng shunday deb yolvordi: “ Ota! Otajon! Sen uchun hamma narsaning imkoni bor! Bu azob kosasini Mendan uzoqlashtir. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo‘lsin.” Iso qaytib kelib, shogirdlarining uxlab yotganini ko‘rdi. Butrusga dedi: — Shimo‘n! Uxlayapsanmi? Bir soatgina ham uyg‘oq o‘tira olmadingmi? Ko‘z–quloq bo‘lib turinglar, vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir. Iso yana borib, o‘sha so‘zlarni aytib ibodat qildi. U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini ko‘rdi. Ularning ko‘zlari yumilib ketavergan edi. Ular Isoga nima deb aytishni bilmay qoldilar. Uchinchi marta borib kelib, Iso shogirdlariga dedi: — Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Bo‘ldi, vaqt–soati keldi! Inson O‘g‘li gunohkorlar qo‘liga tutib berilyapti. Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti! Iso hali gapirib bo‘lmasidan, to‘satdan Yahudo kelib qoldi. U o‘n ikki shogirddan biri bo‘lib, uning yonida qilich va tayoq ushlagan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va oqsoqollar yuborgan edilar. Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni o‘psam, U o‘sha Kishidir. Uni qo‘lga olinglar, qo‘riqlab, olib ketinglar.” Yahudo to‘ppa–to‘g‘ri Isoning oldiga borib: — Ustoz! — deb Uni o‘pdi. Shu zahotiyoq odamlar Isoni ushlab, qo‘lga oldilar. O‘sha yerda turganlardan biri qilichini qinidan sug‘urdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulog‘ini kesib tashladi. Iso ularga dedi: — Sizlar Meni qo‘lga olish uchun qo‘zg‘olonchiga qarshi chiqqandek qilichu tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. Men har kuni Ma’badda sizning orangizda edim, ta’lim berardim. Sizlar o‘shanda Meni qo‘lga olmadingizlar. Ammo bular Muqaddas Bitiklarda aytilganlar bajo bo‘lishi uchun ro‘y berdi. O‘shanda hamma shogirdlari Isoni tashlab, qochib ketishdi. Bir yosh yigit Isoga ergashib ketayotgan edi. U zig‘ir matoga o‘ranib olgan, boshqa kiyimi yo‘q edi. Odamlar o‘sha yigitni ham ushlagan edilar, u zig‘ir matosini tashlab, yalang‘och holicha qochib ketdi. Isoni oliy ruhoniyning oldiga olib keldilar. Bosh ruhoniylar, oqsoqollar va Tavrot tafsirchilarining hammasi yig‘ilgan edilar. Butrus esa Isoning orqasidan masofa saqlab ergashib kelib, oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. U soqchilar bilan birga olov yonida o‘tirib, isindi. Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning barcha a’zolari Isoni o‘limga mahkum qilish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar, lekin topolmasdilar. Ko‘p odamlar Unga qarshi soxta guvohlik berayotgan bo‘lsalar–da, ammo bergan guvohliklari bir–biriga mos kelmas edi. Soxta guvohlardan ba’zilari so‘zga chiqib shunday der edilar: — U: “Inson qo‘li bilan qurilgan bu Ma’badni Men buzib tashlayman–u, uch kunda inson qo‘llarisiz, boshqa bir Ma’badni tiklayman”, — deganini eshitgan edik. Lekin bu xususda ham guvohlarning bergan ma’lumotlari bir–biriga mos kelmas edi. Bundan keyin oliy ruhoniy oldinga chiqib, Isoga: — Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qo‘ygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi. Iso esa indamadi, hech javob qaytarmadi. Oliy ruhoniy yana Undan so‘radi: — Muborak Xudoning O‘g‘li — Masih Senmisan? Iso dedi: — Men O‘shaman. Sizlar Inson O‘g‘lini Qodir Xudoning o‘ng tomonida o‘tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko‘rasizlar. Shundan keyin oliy ruhoniy o‘z kiyimlarini yirtib dedi: — Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! Uning kufr ketganini o‘zlaringiz eshitdingizlar. Sizlarning qaroringiz qanday? Hammalari Uni o‘limga loyiq deb topishdi. Ba’zilar Unga tupurishdi. Uning yuz–ko‘zini bog‘lab, mushtlashdi: “Payg‘ambar, qani top–chi, Seni kim urdi ekan?” deb aytishdi. Soqchilar ham Uni olib ketib, urdilar. Butrus pastdagi hovlida ekan, oliy ruhoniyning bir cho‘risi kelib qoldi. Isinib turgan Butrusni ko‘rib, unga tikilib qaradi–da: — Siz ham o‘sha Nosiralik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi. Lekin Butrus inkor etib: — Nima deyapsan o‘zi, tushunmayapman, — dedi–yu, boshqa yoqqa, tashqi hovliga chiqib ketdi. Shu payt xo‘roz qichqirdi. Cho‘ri uni yana uchratib, u yerda turganlarga: — Bu odam o‘shalardan biri, — deb yana aytdi. Butrus yana inkor etdi. Bir ozdan keyin u yerda turganlar yana Butrusga gapira boshlashdi: — Sen Jalilaliksan–ku! O‘shalardan biri ekanliging aniq. — Xudo ursin! Sizlar aytayotgan bu Odamni men tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus. Naq shu payt xo‘roz ikkinchi marta qichqirdi. Isoning: “Xo‘roz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan”, — degan so‘zi Butrusning esiga tushib ketdi. U chidolmay yig‘lab yubordi. Tong otar–otmas, bosh ruhoniylar, oqsoqollar, Tavrot tafsirchilari va Oliy kengashning qolgan a’zolari bir qarorga kelishdi. Ular Isoni bog‘latib, Pilatga olib borib topshirishdi. Pilat Isodan: — Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb so‘radi. — Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso. Bosh ruhoniylar Uni ko‘p masalada ayblayotgan edilar. Pilat yana Unga: — Sen hech narsaga javob bermaysanmi? Ko‘ryapsan–ku, ular Seni ko‘p jinoyatlarda ayblashyapti! — dedi. Lekin Iso boshqa hech javob bermadi. Pilat bunga qoyil qoldi. Har Fisih bayramida Pilat xalqning iltimosiga binoan bir mahbusni ozod qilar edi. Isyon vaqtida qotillik qilgan Barabba ismli bir kishi o‘z sheriklari bilan o‘shanda qamoqda edi. Xalq yana kelib, Pilatdan odatdagiday bir mahbusni ozod qilishni so‘ray boshladi. [9-10] Bosh ruhoniylar Isoni hasad tufayli qo‘lga tushirishganini bilgan Pilat olomondan: — Sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi? — deb so‘radi. *** Ammo bosh ruhoniylar: “Uning o‘rniga Barabbani ozod qilishni Pilatdan so‘ranglar”, deb olomonni qo‘zg‘adilar. Pilat ularga yana dedi: — Aytinglar xohishingizni! Sizlar “Yahudiylar Shohi” deb ataydigan Kishini nima qilay? — Xochga mixlansin! — deb shovqin soldi olomon. Pilat ulardan: — Nimaga? U nima yomonlik qildi? — deb so‘radi. Lekin olomon: — Xochga mixlansin! — deb battar baqirardi. Shundan keyin Pilat xalqni mamnun qilay, deb Barabbani ozod etdi. Isoni esa qamchilatib, xochga mixlashni buyurdi. Askarlar Isoni hukumat saroyining hovlisiga olib borib, butun bo‘linmani Uning oldiga to‘plashdi. Unga safsar to‘n kiydirishdi va tikanlardan toj o‘rib boshiga qo‘yishdi. — Yashavor, ey yahudiylarning Shohi! — deb Uni qutlay boshlashdi. Qamish bilan Uning boshiga qayta–qayta urib, tupurishdi. Uning oldida tiz cho‘kib, ta’zim qilishdi. Uni shunday masxara qilganlaridan keyin, ustidan safsar to‘nni yechib olib, O‘zining kiyimlarini kiydirishdi. So‘ng Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi. Askarlar yo‘lda Shimo‘n degan odamni uchratib qoldilar. U daladan qaytib kelayotgan edi. Ular Shimo‘nni Isoning xochini ko‘tarib borishga majbur qildilar. Shimo‘n Kirineyalik bo‘lib, Iskandar va Rufusning otasi edi. Askarlar Isoni Go‘lgota degan joyga olib kelishdi. Go‘lgota “Bosh suyagi” ma’nosini beradi. Isoga mirra aralashtirilgan sharob berishdi, lekin U ichmadi. Bundan so‘ng Isoni xochga mixlab qo‘yishdi. Uning kiyimlarini esa o‘zaro bo‘lishib, kim nima oladi, deb qur’a tashlashdi. Uni xochga mixlaganlarida ertalab soat to‘qqiz edi. Bosh tomonida “Yahudiylarning Shohi”, degan Uning aybini ko‘rsatuvchi yozuv bor edi. [27-28] Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlagan edilar. Ularning biri Isoning o‘ng tomonida, ikkinchisi esa chap tomonida edi. *** O‘tib ketayotganlar boshlarini chayqab, Isoni haqoratlashardi: — Ey Ma’badni buzib, uch kun ichida tiklaydigan! O‘zingni O‘zing qutqarib, xochdan tushib ko‘r–chi! Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari ham ularga qo‘shilib, Isoni masxaralay ketishdi. Ular bir–biriga: — U boshqalarni qutqarardi, O‘zini esa qutqara olmaydi! Isroilning Shohi Masih endi xochdan tushsin, toki biz buni ko‘rib Unga ishonaylik! — deyishardi. Iso bilan birga xochga mixlanganlar ham Uni haqoratlar edilar. Tush payti butun yurtni zulmat qopladi. Soat uchga qadar hamma yoq zulmatga cho‘mdi. Soat uchda Iso baland ovoz bilan: — Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? — deb faryod qildi. Bu so‘zning tarjimasi: “Ey Xudoyim! Ey Xudoyim! Nega Meni tark etding?!” — demakdir. U yerda turgan ba’zilar buni eshitib: — Qarang, U Ilyosni chaqiryapti, — deyishdi. Shunda bir odam yugurib borib, shimgichni arzon sharobga botirib, qamishning uchiga ilib qo‘ydi–da, Isoga ichish uchun uzatdi. So‘ng dedi: — Qani ko‘raylik–chi, Ilyos kelib, Uni xochdan tushirarmikan? Ammo Iso qattiq faryod qildi–yu, jon berdi. Shu zahoti Ma’baddagi parda yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga bo‘linib ketdi. Isoning qarshisida turgan yuzboshi Uning shu tarzda jon berganini ko‘rib: — Haqiqatan ham bu Odam Xudoning O‘g‘li ekan! — dedi. U yerda uzoqdan qarab turgan ayollar bor edi. Ular orasida Magdalalik Maryam, kichik Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Salomiya bor edilar. Iso Jalilada ekanligida, ular Unga xizmat qilib, ergashib kelgan edilar. U yerda Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa ko‘p ayollar ham bor edi. Juma kuni kech kirishiga oz qolgan, Shabbat kuniga tayyorgarlik qilish vaqti tugayotgan edi. Shunda Oliy kengashning obro‘li a’zosi, Xudo Shohligini kutib yurgan Arimateyalik Yusuf jur’at etib, Pilatning huzuriga bordi va Isoning jasadini so‘radi. Pilat Isoning darrov o‘lganiga hayron bo‘ldi. Yuzboshini chaqirib: — Uning joni uzilib bo‘ldimi? — deb so‘radi. Pilat Isoning o‘lganini yuzboshidan bilib olgach, Uning jasadini Yusufga berdi. Yusuf zig‘ir mato sotib oldi. Jasadni xochdan tushirib olib, zig‘ir mato bilan kafanladi. Jasadni qoyada o‘yilgan qabrga qo‘ydi. Keyin qabrning og‘ziga bir toshni yumalatib keltirib, qo‘yib ketdi. Isoning jasadi qayerga dafn qilinganini Magdalalik Maryam bilan Yusufning onasi Maryam ko‘rdi. Shabbat kuni tugagach, Magdalalik Maryam, Yoqubning onasi Maryam va Salomiya Isoning jasadiga surtish uchun xushbo‘y moylar sotib oldilar. Yakshanba kuni juda barvaqt turib, tong yorishganda qabrga bordilar. Ular bir–biriga: — Qabr og‘zidagi toshni biz uchun kim ag‘darib berar ekan–a? — deb aytishardi. Qabrga yetib kelganlarida qarashsa, tosh allaqachon ag‘darilgan ekan. Tosh juda katta edi. Ular qabr ichiga kirib, o‘ng tomonda o‘tirgan oq libosli bir yigitni ko‘rdilar–u, cho‘chib ketdilar. Yigit ularga: — Qo‘rqmanglar! — dedi. — Sizlar xochga mixlangan Nosiralik Isoni izlayapsizlar. Iso tirildi! U bu yerda yo‘q. Mana Uning qo‘yilgan joyi! Endi borib, Uning shogirdlari va Butrusga: “Iso sizlarni Jalilada kutyapti. O‘zi sizlarga aytganidek, Uni o‘sha yerda ko‘rasizlar”, deb aytinglar. Dahshatga tushib, qaltiragan ayollar qabrdan chiqib, qochdilar. Ular qo‘rqqanlaridan hech kimga biron narsa aytmadilar. Yakshanba kuni erta saharda tirilgan Iso birinchi bo‘lib Magdalalik Maryamga zohir bo‘ldi. U bu ayoldan yettita jinni quvib chiqargan edi. Maryam borib, Isoning aza tutib yig‘layotgan shogirdlariga xabar yetkazdi. Biroq ular Isoning tirik ekanligini va Maryam Uni ko‘rganligini eshitsalar ham, ishonmadilar. Shundan keyin Iso yo‘lda bir qishloq tomon ketayotgan ikkita shogirdiga boshqacharoq qiyofada ko‘rindi. Ular esa qaytib kelib, boshqalarga xabar yetkazishdi, lekin ularga ham ishonmadilar. Nihoyat, Iso O‘zining yeb–ichib o‘tirgan o‘n bir shogirdiga zohir bo‘ldi. Iso shogirdlarini imonlari zaifligi va qaysarligi uchun koyidi, chunki ular Isoni tirilgan holda ko‘rgan odamlarga ishonmagan edilar. Iso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo‘ylab yuringlar va hamma tirik jonga Xushxabarni e’lon qilinglar. Kimki Xushxabarga ishonib, suvga cho‘mdirilsa, najot topadi. Ishonmagan esa mahkum bo‘ladi. Quyidagi alomatlar imonlilarga hamroh bo‘ladi: Mening nomim bilan jinlarni quvib chiqaradilar. Yangi tillarda so‘zlaydilar. Qo‘llariga ilon olsalar ham, zahar ichsalar ham, ularga zarar yetmaydi. Xastalarga qo‘llarini qo‘yganda, ular sog‘ayib ketadi.” Rabbimiz Iso shogirdlariga bularni aytib bo‘lgach, osmonga ko‘tarildi. U Xudoning o‘ng tomoniga o‘tirdi. Shogirdlar esa ketib, hamma yoqda Xushxabarni va’z qilib yurdilar. Rabbimiz shogirdlariga kuch ato qilib, alomatlar orqali ularning so‘zlarini tasdiqlar edi. Hurmatli Teofil! O‘zingizga ma’lumki, ko‘p odamlar oramizda Xudoning qilgan ishlari tafsilotini yozishga kirishganlar. Bu voqealarni yozishda ular bo‘lib o‘tgan hodisalarni boshidan ko‘rgan va ularni bizga yetkazgan odamlarning so‘zlarini asos qilib olganlar. Shuning uchun, men ham hammasini boshidan sinchiklab tekshirganimdan keyingina, bu voqealarning tafsilotini tartib bilan sizga yozib berishga qaror qildim, toki sizga o‘rgatilgan ta’limotning haqiqiyligiga o‘zingiz ishonch hosil qiling. Yahudiya shohi Hirod davrida Zakariyo degan bir ruhoniy bor edi. U Abiyo urug‘idan kelib chiqqandi, xotini Elizabet esa Horun naslidan edi. Ikkovi ham Xudo oldida solih bo‘lib, Egamizning amru farmonlariga bekami–ko‘st rioya qilishardi. Elizabet bepusht bo‘lgani uchun, ularning farzandi yo‘q edi. Buning ustiga ikkovi ham keksayib qolgan edilar. Zakariyoning ruhoniylar bo‘linmasi Ma’badda navbatchilik qilayotgan kunlarning birida, Zakariyo Xudoning huzurida ruhoniylik vazifasini bajarayotgan edi. Ruhoniylarning odati bo‘yicha, Egamizning Ma’badiga kirib xushbo‘y tutatqilar tutatish qur’asi unga tushgandi. Tutatqi tutatish vaqtida katta bir olomon tashqarida ibodat qilayotgan edi. Shu payt Egamizning bir farishtasi Zakariyoga zohir bo‘ldi. Farishta tutatqi qurbongohining o‘ng tomonida turardi. Zakariyo uni ko‘rib, qo‘rqqanidan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Farishta unga dedi: — Zakariyo, qo‘rqma, sening iltijolaring ijobat bo‘ldi. Xotining Elizabet senga bir o‘g‘il tug‘ib beradi. Uning ismini Yahyo qo‘yasan. U senga shodlik va quvonch keltiradi, uning tug‘ilganidan ko‘pchilik xursand bo‘ladi. U Egamiz nazarida ulug‘ bo‘ladi, sharobu o‘tkir ichimliklarni og‘ziga olmaydi. Onasining qornidayoq Muqaddas Ruhga to‘ladi. Isroil xalqidan bo‘lgan ko‘plarni u Egasi Xudoga qaytaradi. U Ilyos payg‘ambarning ruhi va qudratiga to‘lib, Rabbimiz Masihdan oldin keladi. Rabbimizga tayyor bir xalqni taqdim qilish uchun, otalarning yuraklarini farzandlariga moyil qiladi, itoatsizlarning fikrini solihlar donoligi tomon buradi. Zakariyo farishtaga dedi: — Men bunga qanday amin bo‘laman? Axir, men keksayib qolganman, xotinim ham qarib qolgan bo‘lsa? Farishta unga shunday javob berdi: — Men Xudoning huzurida turadigan Jabroilman. Sen bilan gaplashgani, senga bu Xushxabarni e’lon qilgani yuborilganman. Senga aytganlarim o‘z vaqtida bajo bo‘ladi. Ammo mening so‘zlarimga ishonmaganing uchun tildan qolasan. Aytganlarim bajo bo‘lmaguncha, gapirolmaysan. Shu orada Zakariyoni kutib turgan xalq uning Ma’badda imillab qolganiga hayron bo‘ldi. Nihoyat, Zakariyo tashqariga chiqdi, ammo so‘zlamoqqa tili aylanmadi. Xalq uning Ma’badda vahiy ko‘rganligini tushundi. Zakariyo soqov bo‘lib qolgani uchun xalq bilan imo–ishoralar orqali so‘zlashishga majbur bo‘ldi. Ma’baddagi xizmat muddati tugagach, Zakariyo uyiga qaytib bordi. Oradan ko‘p o‘tmay, xotini Elizabet homilador bo‘ldi. U dastlabki besh oy davomida uyidan chiqmay yurdi. U shunday derdi: “Buni men uchun Egam qildi. U menga marhamat ko‘rsatib, xalq orasida meni sharmandalikdan qutqardi.” Elizabetning homilasi olti oylik bo‘lganda, Xudo farishta Jabroilni Jalilaning Nosira degan shahriga, Dovud avlodidan Yusuf ismli yigitga unashtirilgan bir qizga yubordi. Qizning oti Maryam edi. Farishta uning oldiga borib: — Salom, ey Xudo yorlaqagan qiz! Egamiz sen bilandir, — dedi. Maryam farishtaning so‘zlaridan sarosimaga tushdi. “Bunday salomlashuv nimani bildirar ekan?” deb o‘ylanib qoldi. Farishta unga dedi: — Maryam, qo‘rqma, sen Xudodan inoyat topding. Sen homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘asan. Uning ismini Iso qo‘yasan. U buyuk bo‘ladi. Uni Xudoyi Taoloning O‘g‘li deb atashadi. Egamiz Xudo Unga bobosi Dovudning taxtini beradi. U to abad Yoqub nasli ustidan hukmronlik qiladi, hukmronligining oxiri bo‘lmaydi. — Men hali er ko‘rmagan bo‘lsam, bu qanday bo‘ladi? — deb so‘radi farishtadan Maryam. Farishta javob berdi: — Muqaddas Ruh seni qamrab oladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu bois tug‘adigan O‘g‘ling muqaddas bo‘ladi, U Xudoning O‘g‘li deb ataladi. Mana, qarindoshing Elizabet ham qariligida homilador bo‘ldi, u o‘g‘il tug‘adi. Homilasi olti oylik. Odamlar esa uni bepusht deb aytardilar. Xudo uchun imkonsiz narsa yo‘q! — Men Egamning bandasiman. Hammasi sen aytganday bo‘lsin, — deb javob berdi Maryam. Shundan keyin farishta ketdi. Ko‘p o‘tmay Maryam shoshilganicha Yahudiya qirlaridagi shaharga yo‘l oldi. U Zakariyoning uyiga kirib, Elizabet bilan salomlashdi. Elizabet Maryamning salomini eshitgani zahoti qornidagi bolasi o‘ynoqlab ketdi. Elizabet Muqaddas Ruhga to‘lib, baland ovozda shunday xitob qildi: — Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi bola ham muborakdir! Men kim bo‘libmanki, Rabbim Masihning onasi mening huzurimga kelibdi! Sening saloming qulog‘imga yetishi bilanoq, qornimdagi bola quvonchdan o‘ynoqlab ketdi. Naqadar baxtlisan! Chunki Egamiz aytganlarini amalga oshirishiga sen ishonding. Maryam shunday dedi: “Butun vujudim bilan Egamni ulug‘layman, Najotkorim Xudodan ko‘nglim shod–xurram. Axir, U menday arzimas bandasiga nazar soldi. Jamiki nasllar endi meni baxtli deb aytadi. Zotan, Qodir Xudo men uchun buyuk ishlar qildi, Muqaddasdir Uning nomi. Undan qo‘rqqanlarga U nasllar osha marhamat qiladi. U O‘zining qudratini ko‘rsatdi, Yuragi takabburlarni to‘zg‘itib tashladi. Hukmdorlarni taxtlaridan tushirdi, Faqirlarni esa yuksaltirdi. Ochlarni ne’matlar ila to‘ydirdi, Boylarni esa quruq jo‘natdi. [54-55] Ota –bobolarimizga bergan va’dasi bo‘yicha, Ibrohimga, uning nasliga Shafqat qilishni to abad yodida tutdi. Quli Isroilga yordam berdi.” *** Shunday qilib, Maryam Elizabetnikida uch oycha qoldi, keyin uyiga qaytib ketdi. Elizabetning oy–kuni yetib, o‘g‘il tug‘di. Qo‘ni–qo‘shni va qarindoshlari Egamizning unga ko‘rsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi. Ular sakkizinchi kuni bolaning sunnatiga kelishdi. Unga Zakariyo, deb otasining ismini qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Bunga bolaning onasi e’tiroz bildirib: — Yo‘q, ismini Yahyo qo‘yamiz, — dedi. Lekin boshqalar: — Qarindosh–urug‘ing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yo‘q–ku, — deyishdi unga. Shu payt otasiga imo–ishora qilib, undan bolaga qanday ism qo‘ymoqchi ekanligini so‘rashdi. Zakariyo imo–ishora orqali bir taxtacha so‘radi va: “Uning ismi Yahyo bo‘ladi”, — deb yozdi. Hamma hayron qoldi. Shu payt Zakariyo yana tilga kirib, gapira boshladi va Xudoga hamdu sano aytdi. Hamma qo‘shnilari hayratda qoldi, butun Yahudiya qirlarida bu voqea ovoza bo‘lib ketdi. Bu haqda eshitganlarning hammasi: “Ajabo, bu bola kim bo‘larkin?” — deya mulohaza qilishardi. Chunki Egamizning qudrati unda namoyon edi. Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga to‘lib, bashorat qila boshladi: “Isroilning Xudosi Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bizga yordamga keldi, O‘z xalqini asoratdan xalos qildi. [69-70] Azaldan bizga va’da berganday, Muqaddas payg‘ambarlari orqali aytganday, Quli Dovud xonadonidan Bizga qudratli Najotkorni yubordi. *** Toki U bizni dushmanlarimizdan qutqarsin, Bizdan nafratlanadiganlarning hammasidan xalos etsin. Shunday qilib, Xudo ota–bobolarimizga iltifot ayladi, Muqaddas ahdini yodida tutdi. Otamiz Ibrohimga bergan o‘sha qasamyodiga ko‘ra, U bizni yovlarimiz qo‘lidan qutqardi, Endi biz Unga qo‘rqmasdan xizmat qila olamiz. Butun umrimiz davomida Uning oldida muqaddas va solih bo‘la olamiz. Sen ham, bolajonim, Xudoyi Taoloning payg‘ambari deb atalasan. Zero, sen Rabbimiz Masihdan oldin yurasan, U yuradigan yo‘lni hozirlaysan. Xalqiga najot topishlarini e’lon qilasan, Xudo ularning gunohlarini kechirishini aytasan. Zero, Xudoyimiz mehr–shafqatga boy, U samodan bizga ufq nurini sochadi. Zulmatda, o‘lim soyasida o‘tirganlarni yoritadi, Tinchlikka olib boradigan yo‘lni bizga ko‘rsatadi.” Bola ulg‘ayib, ruhan kuchaydi. Isroil xalqiga xizmat qiladigan vaqti kelmaguncha, sahroda yashadi. O‘sha kunlarda Qaysar Avgust butun Rim imperiyasidagi aholi ro‘yxatga olinsin, degan farmon chiqardi. Bu ilk aholi ro‘yxati bo‘lib, Suriyada Kviriniy hokim bo‘lganda o‘tkazildi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun hamma o‘z shahriga bordi. Yusuf ham Jaliladagi Nosira shahridan Yahudiyaning Baytlahm shahriga yo‘l oldi. Bu shahar Dovud shahri edi. Yusuf Dovud xonadonidan, uning naslidan edi. Yusuf ro‘yxatdan o‘tgani Maryamni ham o‘zi bilan olib ketdi. Maryam Yusufga unashtirilgan bo‘lib, farzand kutayotgan edi. Ular o‘sha yerda bo‘lganlarida Maryamning oy–kuni to‘ldi. U o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘lini tug‘di. Uni yo‘rgaklab, oxurga yotqizib qo‘ydi, chunki mehmonxonada ularga joy yo‘q edi. Baytlahm yaqinida cho‘ponlar bor edi. Ular tunda yaylovdagi suruvini qo‘riqlash uchun dalada yotib qolgan edilar. Ularning qarshisida Egamizning bir farishtasi paydo bo‘ldi, Egamizning ulug‘vorligi ularning atrofini yoritib yubordi. Cho‘ponlar qattiq vahimaga tushdilar. Ammo farishta ularga shunday dedi: — Qo‘rqmanglar! Men sizlarga Xushxabar olib keldim. Bu xabar hammaga buyuk quvonch keltiradi. Bugun Dovudlar shahrida sizlar uchun Najotkor tug‘ildi. U Masihdir, bizning Rabbimizdir. Mana, sizlarga Uning belgisi: oxurda yotgan, yo‘rgaklangan chaqaloqni topasizlar. Birdan farishtaning yonida samo lashkari bo‘lmish son–sanoqsiz farishtalar paydo bo‘ldi. Ular Xudoga hamdu sano aytishardi: “Falak toqidagi Xudoga sharaflar bo‘lsin, Xudodan marhamat topgan yerdagi bandalarga tinchlik kelsin!” Farishtalar cho‘ponlar oldidan osmonga qo‘tarilgan zamon, cho‘ponlar bir–biriga dedilar: — Qani, Baytlahmga boraylik! Egamiz bizga aytgan voqea yuz berganini ko‘raylik! Ular shosha–pisha bordilar, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan chaqaloqni ko‘rdilar. Ular chaqaloqni ko‘rib, farishta bu chaqaloq to‘g‘risida nimalar aytganini gapirib berdilar. Cho‘ponlarning gapini eshitganlarning hammasi hayratga tushdi. Maryam esa bu so‘zlarning barini diliga tugib olib, chuqur o‘ylab yurdi. Cho‘ponlar qaytib ketayotib, Xudoni ulug‘lab, Unga hamdu sanolar aytdilar. Chunki eshitgan va ko‘rganlarining hammasi xuddi farishta aytganiday sodir bo‘lgandi. Oradan sakkiz kun o‘tdi. Chaqaloqni sunnat qiladigan payt keldi. Unga Iso deb ism qo‘ydilar. Iso ona qornida paydo bo‘lmasdan oldin, farishta Unga shu ismni bergan edi. [22-24] Maryam, Tavrotga ko‘ra, tozalanish kunlariga rioya qildi. Bu muddat tugagach, Maryam bilan Yusuf Quddusga bordilar. U yerda poklanish qurbonligini keltirib, Egamizning qonunidagi “ikkita kaptar yoki ikkita musicha keltirilsin”, degan amrni bajardilar. Ular bolani ham Egamizga taqdim qilmoqchi bo‘lib, uni o‘zlari bilan Quddusga olib borgan edilar. Chunki Egamizning qonunida: “Har bir to‘ng‘ich o‘g‘il Egamizga bag‘ishlanishi kerak”, deb yozilgan. *** *** O‘sha paytda Quddusda Shimo‘n degan bir odam bor edi. U solih, taqvodor odam bo‘lib, Isroilning najot topishini intizor bo‘lib kutar edi. Muqaddas Ruh unga yor edi. Muqaddas Ruh unga: “Egamiz va’da qilgan Masihni sen ko‘rmaguningcha, o‘lmaysan”, deb ayon qilgan edi. Shunday qilib, Shimo‘n Muqaddas Ruh boshchiligida Ma’badga bordi. Isoning ota –onasi qonunda buyurilgan marosimni bajarish uchun, chaqaloqni Ma’bad hovlisiga olib kirdilar. Shunda Shimo‘n chaqaloqni qo‘liga olib, Xudoga hamdu sano aytdi: “Ey Egam, va’dangni Sen bajo aylading, Endi tinchgina o‘lishga rozi bu quling. Zero, o‘z ko‘zim ila ko‘rdim Qutqaruvchini, Barcha ellar oldida hozirlagan najotingni. G‘ayriyahudiylarga ayon bo‘ladigan nurdir U, Xalqing Isroilning shuhratidir U. Yusuf ham, Maryam ham Iso haqida aytilgan bu so‘zlardan hayratga tushdilar. Shimo‘n ularni duo qilib, Isoning onasi Maryamga dedi: — Mana shu go‘dak Isroilda ko‘p odamlarning qulashiga va yuksalishiga sababchi bo‘ladi. U Xudodan alomat bo‘ladi, Uni ko‘plar rad etadi. Natijada ko‘plarning sirli fikrlari oshkor bo‘ladi. Sening qalbingga ham qilich sanchiladi. U yerda Xanna ismli keksa bir payg‘ambar ayol ham bor edi. U Osher qabilasidan Panuil degan odamning qizi edi. U turmushga chiqib, eri bilan yetti yil yashadi. So‘ng beva qolgan edi. U sakson to‘rt yil davomida beva bo‘lib, hech qachon Ma’badni tark etmasdi. Ro‘za tutib, ibodat qilib, kechayu kunduz Xudoga sajda qilardi. Shimo‘n Maryam va Yusufga gapirib turgan paytda Xanna ularga yaqinlashib, Xudoga shukronalar aytdi. U Quddusning ozod qilinishini intizorlik bilan kutganlarning hammasiga bu bola haqida so‘zlay boshladi. Yusuf bilan Maryam Egamizning qonunidagi hamma talablarni bajarganlaridan keyin, Jalilaga, o‘z shahri Nosiraga qaytib bordilar. Bola ulg‘ayib, kuchga va donolikka to‘lib borardi. U Xudoning inoyati ostida edi. Isoning ota–onasi har yili Fisih bayramida Quddusga borar edilar. Iso o‘n ikki yoshda bo‘lganda, ular yana odatdagiday bayram qilish uchun Quddusga bordilar. Bayramdan keyin ular uyga qaytar ekanlar, o‘smir Iso Quddusda qoldi. Ota–onasi esa bundan bexabar edi. Ular “Iso yo‘lovchilar orasida kelyapti”, deb o‘ylashdi. Bir kun yo‘l bosganlaridan keyin, Isoni qarindosh–urug‘lari va tanish–bilishlari orasidan qidira boshladilar. Uni topa olmaganlaridan keyin, Quddusga qaytib, Isoni o‘sha yerdan qidirdilar. Uch kundan so‘ng Uni Ma’baddan topdilar. U muallimlar orasida o‘tirardi, ularning gaplariga quloq solib, savollar berardi. Isoning gaplarini eshitganlarning hammasi Uning fahm–idrokiga va berayotgan javoblariga hayron qolardilar. Ota–onasi Uni ko‘rib, ajablandilar. Onasi Unga dedi: — O‘g‘lim, bu nima qilganing? Otang ikkovimiz Seni qidiraverib adoyi tamom bo‘ldik–ku! — Nega Meni qidirdingizlar? — dedi Iso. — Men Otamning uyida bo‘lishim kerakligini nahotki bilmagan bo‘lsangizlar?! Ammo ular Isoning aytgan gapini tushunmadilar. Iso ular bilan Nosiraga qaytib ketdi. Doim ota–onasiga itoat qildi. Onasi esa bu gaplarning hammasini diliga tugib qo‘ydi. Iso ulg‘ayib, yillar o‘tgan sari dono bo‘lib borardi. U Xudoning ham, odamlarning ham mehrini qozonardi. Qaysar Tiberius hukmronligining o‘n beshinchi yili edi. Yahudiyada Po‘ntiy Pilat Rimlik hokim edi. Jalilada Hirod, Itureya bilan Traxonit viloyatlarida Hirodning ukasi Filip, Avilina viloyatida Lisaniy hukmronlik qilar, Hanan va Kayafa esa oliy ruhoniy edilar. O‘sha vaqtda sahroda yashayotgan Zakariyoning o‘g‘li Yahyoga Xudoning so‘zi keldi. U Iordan daryosi atrofidagi yerlarni kezib, odamlarga: “Gunohlaringizdan tavba qilib, suvga cho‘minglar, shunda Xudo gunohlaringizni kechiradi”, deb va’z qilardi. Shu tariqa Ishayo payg‘ambar o‘z kitobida yozgan quyidagicha bashorati amalga oshdi: “Sahroda bir ovoz yangramoqda: Egamizga yo‘l hozirlang, Unga to‘g‘ri yo‘l oching!” Har bir jarlik to‘ldiriladi, Har bir tog‘u tepalik pasayadi. Qing‘ir–qiyshiq yo‘llar rostlanadi, O‘nqir–cho‘nqir so‘qmoqlar tekis bo‘ladi. Butun jonzot Xudoning najotini ko‘radi!” Katta bir olomon suvga cho‘mdirilish uchun Yahyoning oldiga keldi. Yahyo ularga dedi: — Hoy, ilonlar zoti! Boshingizga kelayotgan Xudo g‘azabidan qochib qutulasiz, deb sizlarga kim aytdi? Bundan keyin tavbaga yarasha samara beringlar! O‘zingizcha: “Biz Ibrohim naslidanmiz”, deb aytishni xayolingizga ham keltirmanglar! Sizlarga shuni aytay: Xudo mana bu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir. Hozirdanoq daraxtlar ildizida bolta yotibdi. Yaxshi meva bermagan har bir daraxt kesilib, olovga tashlanadi. Olomon Yahyodan so‘radi: — Unday bo‘lsa, biz nima qilishimiz kerak? U javob berib, dedi: — Kimning ikkita ko‘ylagi bo‘lsa, birini ko‘ylagi bo‘lmagan odamga bersin. Kimning oziq–ovqati bo‘lsa, u ham ovqati yo‘qlar bilan bo‘lishsin. Soliqchilardan ba’zilari ham suvga cho‘mdirilish uchun kelib, Yahyodan: — Ustoz, biz nima qilishimiz kerak? — deb so‘rashdi. Yahyo ularga shunday javob berdi: — Belgilanganidan ortig‘ini odamlardan talab qilmanglar. Ba’zi bir askarlar ham undan: — Biz–chi?! Biz nima qilishimiz kerak? — deb so‘radilar. Yahyo ularga dedi: — Birovlarni nohaq ayblab, pul orttirmanglar, maoshingiz bilan qanoatlaninglar. Xalq Masihning kelishini orziqib kutardi. Ular: “Yahyo Masih emasmikin?” degan fikrni ko‘ngildan o‘tkazishardi. Yahyo ularning hammasiga shunday dedi: — Men sizlarni suvga cho‘mdiryapman. Lekin ortimdan mendan ham qudratliroq bo‘lgan bir Zot kelmoqda. Men Uning choriq iplarini yechishga ham arzimayman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va olovga cho‘mdiradi. Uning panshaxasi qo‘lida tayyor turibdi. U O‘z xirmonini shopiradi: bug‘doyni O‘z omboriga to‘plab, somonni esa so‘nmas o‘tda yondirib yuboradi. Yahyo yana ko‘p boshqa nasihatlar berib, xalqqa Xushxabarni e’lon qilardi. Viloyat hukmdori Hirodning qilmishlarini esa fosh qildi. Chunki Hirod o‘z ukasining xotini Hirodiyaga uylangan va yana boshqa yomon ishlar ham qilgandi. Shunisi yetmaganday, u Yahyoni ham zindonga qamatib qo‘ydi. Butun xalq suvga cho‘mdirilayotganda, Iso ham suvga cho‘mdirildi. U ibodat qilib turganda osmon ochilib ketdi va Muqaddas Ruh kaptar shaklida Uning ustiga tushib keldi. Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O‘g‘limsan, Sendan nihoyatda mamnunman”, — degan ovoz keldi. Iso xizmatini boshlaganda o‘ttiz yoshlarda edi. Odamlar Uni Yusufning o‘g‘li deb hisoblardilar. Yusuf esa — Elining o‘g‘li, Eli — Mattotning o‘g‘li, Mattot — Levining o‘g‘li, Levi — Malkiyning o‘g‘li, Malkiy — Yanayning o‘g‘li, Yanay — Yusufning o‘g‘li, Yusuf — Mattatiyoning o‘g‘li, Mattatiyo — Amosning o‘g‘li, Amos — Noxumning o‘g‘li, Noxum — Heslining o‘g‘li, Hesli — Nagayning o‘g‘li, Nagay — Mahatning o‘g‘li, Mahat — Mattatiyoning o‘g‘li, Mattatiyo — Shimeyning o‘g‘li, Shimey — Yo‘sehning o‘g‘li, Yo‘seh — Yo‘doning o‘g‘li, Yo‘do — Yohananning o‘g‘li, Yohanan — Rezoning o‘g‘li, Rezo — Zarubabelning o‘g‘li, Zarubabel — Shaltiyolning o‘g‘li, Shaltiyol — Neriyning o‘g‘li, Neriy — Malkiyning o‘g‘li, Malkiy — Addiyning o‘g‘li, Addiy — Qosamning o‘g‘li, Qosam — Elmodamning o‘g‘li, Elmodam — Gerning o‘g‘li, Ger — Yoshuaning o‘g‘li, Yoshua — Eliazarning o‘g‘li, Eliazar — Yorimning o‘g‘li, Yorim — Mattotning o‘g‘li, Mattot — Levining o‘g‘li, Levi — Shimo‘nning o‘g‘li, Shimo‘n — Yahudoning o‘g‘li, Yahudo — Yusufning o‘g‘li, Yusuf — Yunamning o‘g‘li, Yunam — Eliyaqimning o‘g‘li, Eliyaqim — Maliyoning o‘g‘li, Maliyo — Mannoning o‘g‘li, Manno — Mattatoning o‘g‘li, Mattato — Natanning o‘g‘li, Natan — Dovudning o‘g‘li, Dovud — Essayning o‘g‘li, Essay — Obidning o‘g‘li, Obid — Bo‘azning o‘g‘li, Bo‘az — Salmo‘nning o‘g‘li, Salmo‘n — Nahsho‘nning o‘g‘li, Nahsho‘n — Ominadovning o‘g‘li, Ominadov — Adminning o‘g‘li, Admin — Arniyning o‘g‘li, Arniy — Hasro‘nning o‘g‘li, Hasro‘n — Parasning o‘g‘li, Paras — Yahudoning o‘g‘li, Yahudo — Yoqubning o‘g‘li, Yoqub — Is’hoqning o‘g‘li, Is’hoq — Ibrohimning o‘g‘li, Ibrohim — Terahning o‘g‘li, Terah — Naxo‘rning o‘g‘li, Naxo‘r — Sarug‘ning o‘g‘li, Sarug‘ — Rag‘uning o‘g‘li, Rag‘u — Palaxning o‘g‘li, Palax — Ibirning o‘g‘li, Ibir — Shalahning o‘g‘li, Shalah — Xenanning o‘g‘li, Xenan — Arpaxshodning o‘g‘li, Arpaxshod — Somning o‘g‘li, Som — Nuhning o‘g‘li, Nuh — Lamakning o‘g‘li, Lamak — Matushalohning o‘g‘li, Matushaloh — Xano‘xning o‘g‘li, Xano‘x — Yoredning o‘g‘li, Yored — Maxaliyolning o‘g‘li, Maxaliyol — Xenanning o‘g‘li, Xenan — Eno‘shning o‘g‘li, Eno‘sh — Shisning o‘g‘li, Shis — Odam Atoning o‘g‘li, Odam Ato — Xudoning o‘g‘li edi. Iso Iordan daryosidan Muqaddas Ruhga to‘lib qaytdi. Ruh Uni sahroga boshlab ketdi. Sahroda Isoni iblis qirq kun vasvasaga soldi. O‘sha kunlar davomida Iso hech narsa yemadi, oxiri och qoldi. Shunda iblis Isoga dedi: — Agar Sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, bu toshga buyur, nonga aylansin! Iso unga shunday javob berdi: — Yozilganki: “Inson faqat non bilan yashamaydi.” So‘ng Isoni iblis tepalikka olib chiqib, bir lahzada Unga olamning barcha shohliklarini ko‘rsatdi. U Isoga dedi: — Seni ana shu shohliklar ustidan hukmron qilaman, ularning shon–shuhratini Senga beraman. Bularning hammasi menga berilgan, men esa istaganimga beraman. Menga sajda qil, shunda hammasi Seniki bo‘ladi. Iso javob berib dedi: — Yozilganki: “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil.” Keyin iblis Isoni Quddusga olib bordi. Uni Ma’badning eng yuqori joyiga chiqarib, shunday dedi: — Agar Sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, O‘zingni bu yerdan pastga tashla. Axir, yozilgan–ku: “U sen to‘g‘ringda farishtalariga amr beradi, Farishtalar seni qo‘riqlaydi. Oyog‘ing toshga qoqilib ketmasin, deya Farishtalar qo‘llarida seni ko‘tarib boradi.” Iso iblisga javoban dedi: — Yana yozilganki: “Egang Xudoni sinama.” Iblis har tomonlama Isoni vasvasaga solib bo‘lgandan keyin vaqtincha Uning yonidan ketdi. Iso Ruh qudratiga to‘lib, Jalilaga qaytdi. U haqidagi ovoza butun atrofga tarqaldi. U yahudiylar sinagogalarida ta’lim berardi, hamma Uni maqtardi. So‘ng Iso O‘zi ulg‘ayib o‘sgan shahri Nosiraga bordi. O‘z odati bo‘yicha Shabbat kunida sinagogaga kirib, Muqaddas Bitiklarni o‘qish uchun o‘rnidan turdi. Unga Ishayo payg‘ambarning o‘ramini uzatdilar. U o‘ramni ochib, quyidagi parchani topib o‘qidi: “Egamizning Ruhi meni qamradi. Yo‘qsillarga Xushxabar yetkazmoq uchun, Egam meni tanladi. Zindondagilarga qutulasiz, deb aytmoq uchun, Ko‘rlarga, ko‘zingiz ochiladi, deb xabar bermoq uchun, Asirlarni ozod qilmoq uchun, Egamning marhamat yilini ma’lum etmoq uchun, Egam Meni yubordi.” Keyin Iso o‘ramni qayta o‘radi–da, xizmatchiga berib, joyiga o‘tirdi. Sinagogadagi barchaning ko‘zi Unga tikildi. Iso ularga dedi: — Sizlar eshitgan bu kalom shu bugun bajo bo‘ldi. Hamma Isoni maqtar edi. Uning latif so‘zlariga mahliyo bo‘lib: “Nahot bu Yusufning o‘g‘li bo‘lsa?!” — deb aytishardi. Iso ularga dedi: — Bilib turibman, sizlar: “Ey tabib, o‘zingni o‘zing davolab ko‘r–chi!” degan iborani yuzimga solmoqchisizlar. “Kafarnahumda qilgan mo‘jizalar haqida xabar topdik. O‘shalarni O‘z shahringda ham qil”, deb aytmoqchisizlar. So‘ng Iso gapida davom etib, dedi: — Sizlarga chinini aytayin, hech qanday payg‘ambar o‘z yurtida qabul qilinmaydi. Sizlarga yana bir haqiqatni aytaman: Ilyos payg‘ambar davrida Isroilda ko‘p bevalar bor edi. Osmondan uch yilu olti oy davomida bir tomchi ham yomg‘ir yog‘madi, butun yurtda dahshatli ocharchilik bo‘ldi. Ammo Xudo Ilyosni ularning birontasiga yubormay, faqatgina Sidon shahri yaqinidagi Zorafatda yashovchi bir bevaga yuborgan edi. Xuddi shu singari Elisha payg‘ambar davrida ham Isroilda teri kasalligiga chalingan ko‘p odamlar bor edi. Ammo birontasi ham shifo topmadi, faqat Suriyalik No‘mon shifo topdi, xolos. Sinagogadagi odamlar bularni eshitgach, hammalari g‘azablanishdi. O‘rinlaridan sakrab turib, Isoni shahardan tashqariga haydab chiqarishdi. Nosira shahri tepalik ustida joylashgan edi. Odamlar Isoni o‘sha tepalikning chetiga olib borib, jarlikka tashlamoqchi bo‘lishdi. Lekin Iso ularning orasidan o‘tib, o‘z yo‘liga ketdi. Iso Jaliladagi Kafarnahum shahriga bordi. Shabbat kunlarida xalqqa ta’lim beradigan bo‘ldi. Xaloyiq Isoning ta’limotini eshitib, hayratda qoldi, chunki U hokimiyat bilan gapirardi. Shahardagi sinagogada jinga chalingan bir odam bor edi. U ovozi boricha baqirib dedi: — Ey Nosiralik Iso! Bizni tinch qo‘y! Sen bizni halok qilgani keldingmi?! Sening kimligingni bilamiz: Sen Xudoning Azizisan! Biroq Iso jinga do‘q urib: — Jim bo‘l! Undan chiqib ket! — dedi. Shunda jin hammaning ko‘zi oldida haligi odamni yerga ag‘natib, uning ichidan chiqib ketdi. Odam hech qanday zarar ko‘rmadi. Hamma hayratda qoldi. — Nima bo‘lyapti o‘zi?! U qudratu hokimiyat bilan buyruq berganda yovuz ruhlar chiqib ketyapti! — deb bir–birlariga gapirardilar. Iso haqidagi ovoza butun tevarak–atrofga tarqaldi. Iso sinagogadan chiqib, Shimo‘nning uyiga kirdi. Shimo‘nning qaynanasi qattiq isitmalab yotgan ekan. Isodan, kasalni ko‘rib qo‘ying, deb iltimos qilishdi. Iso ayolning yoniga kelib, isitmaga: “Ayolni tark et!” — deb buyruq berdi. Isitma ayolni tark etdi. Ayol o‘sha zahoti o‘rnidan turib, ularga xizmat qila boshladi. Quyosh botayotgan paytda, odamlar turli xastalikdan azob chekayotgan qarindosh–urug‘larini Isoning oldiga olib keldilar. Iso hamma xastalarga qo‘lini qo‘yib, shifo berdi. Jinlar esa: “Sen Xudoning O‘g‘lisan!” — deb baqirganlaricha, ko‘plab odamlarni tark etardilar. Iso jinlarga do‘q urib, ularning gapirishlariga ijozat bermasdi, chunki jinlar Isoning Masih ekanini bilishardi. Tong otgach, Iso shaharni tark etib, kimsasiz bir joyga ketdi. Bir to‘da olomon Uni izlab ortidan bordi. Ular Isoni topganlaridan so‘ng: “Yonimizdan ketmang”, deb Uni olib qolishga harakat qildilar. Iso esa odamlarga shunday dedi: — Men Xudo Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni boshqa shaharlarda ham e’lon qilishim kerak, Men shu maqsadda yuborilganman. Shunday qilib, Iso yurtdagi sinagogalarda voizlik qilishni davom ettirdi. Bir kuni Iso Jalila ko‘li bo‘yida turganda, olomon Xudoning so‘zini eshitish uchun Isoning yonida tirband bo‘ldi. Iso ko‘l qirg‘og‘ida turgan ikki qayiqni ko‘rdi. Baliqchilar qayiqdan chiqib, to‘rlarini yuvayotgan edilar. Qayiqlardan biri Shimo‘nniki edi. Iso Shimo‘nning qayig‘iga tushib, qirg‘oqdan bir oz nariroq suzib borishni iltimos qildi. So‘ng o‘tirib, o‘sha yerdan odamlarga ta’lim berdi. Iso gapini tugatib, Shimo‘nga dedi: — Chuqurroq yerga suzib borib, o‘lja uchun to‘rlaringizni tashlanglar. Shimo‘n Isoga shunday dedi: — Ustoz, biz tun bo‘yi astoydil harakat qildik, lekin hech narsa tutolmadik. Ammo Siz aytganingiz uchun, to‘r tashlaymiz. Ular to‘r tashlaganlarida, shu qadar ko‘p baliq ovladilarki, hatto to‘rlari yirtila boshladi. Ular boshqa qayiqdagi o‘rtoqlariga, yordam beringlar, deb ishora qildilar. Qayiqlar yetib kelgach, ikkala qayiqni ham baliqqa to‘ldirdilar, qayiqlar suvga bota boshladi. Shimo‘n Butrus buni ko‘rdi–da, Isoning oldida tiz cho‘kib dedi: — Hazrat! Mening yonimdan keting, chunki men gunohkor insonman. Shimo‘n va yonidagilar bunday mo‘l baliq ovidan hayratga tushgan edilar. Shimo‘nning sheriklari Zabadiy o‘g‘illari Yoqub bilan Yuhanno ham hayratda edilar. Iso Shimo‘nga dedi: — Qo‘rqma, bundan buyon sen insonlarni ovlaysan. Ular qayiqlarini qirg‘oqqa tortdilar va hamma narsalarini qoldirib, Isoga ergashdilar. Iso bir shaharda bo‘lganda, teri kasalligiga chalingan bir odam kelib qoldi. U Isoni ko‘rib, yuz tuban yerga muk tushib, yolvordi: — Hazrat, bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan poklay olasiz. Iso qo‘lini uzatdi va unga tekkizib: — Istayman, pok bo‘l! — dedi. Kasallik esa o‘sha zahoti ketdi. Iso yuz bergan voqeani hech kimga aytmaslikni o‘sha odamga buyurdi. So‘ng dedi: — Borib o‘zingni ruhoniyga ko‘rsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir. Ammo Iso to‘g‘risidagi gap–so‘zlar tobora yoyilib boraverdi. Tumonat xaloyiq Uni tinglash va dardlaridan forig‘ bo‘lish uchun Uning oldiga yig‘ilib kelar edi. U esa ko‘pincha kimsasiz joylarga ketib, ibodat qilar edi. Bir kuni Iso ta’lim berayotganda, Uning tinglovchilari orasida farziylar bilan Tavrot tafsirchilari ham o‘tirgan edilar. Ular Jalila va Yahudiyaning hamma qishloqlaridan, Quddusdan kelgan edilar. Isoda Egamizning xastalarga shifo berish qudrati bor edi. Bir nechta kishi to‘shakda yotgan bir shol odamni ko‘tarib keldilar. Uni uyga — Isoning oldiga olib kirishga urindilar. Lekin olomon ko‘pligidan buning ilojini topolmay, uyning tomiga chiqib, tomdan teshik ochdilar. So‘ng sholni o‘sha teshikdan to‘shagi bilan olomon o‘rtasiga — Isoning oldiga tushirdilar. Iso ularning ishonchini ko‘rib, sholga dedi: — Birodarim, gunohlaring kechirildi. Tafsirchilar bilan farziylar esa o‘zlaricha shunday mulohaza qila boshladilar: “Kufrlik qilayotgan bu Odam kim o‘zi? Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi–ku!” Iso ularning mulohazalarini bilib, shunday savol berdi: — Nega bunday narsalarni o‘ylaysizlar? Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi!” deb aytishmi, yoki: “O‘rningdan turib yur!” deb aytishmi? Inson O‘g‘liga yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar. Iso shunday dedi–yu, sholga: — Senga aytaman: O‘rningdan tur! To‘shagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi. Shol o‘sha zahoti hammaning ko‘zi oldida o‘rnidan turdi. Yotgan to‘shagini olib, Xudoni ulug‘lab, uyiga ketdi. Hamma hayratga tushib, Xudoni ulug‘ladi. Ular qo‘rquv ichra: “Bugun aql bovar qilmaydigan hodisani ko‘rdik”, deb aytardilar. Shundan so‘ng, Iso u yerdan chiqib, soliq yig‘adigan joyda o‘tirgan Levini ko‘rib qoldi. Iso unga: — Ortimdan yur! — dedi. Levi o‘rnidan turdi, hamma narsasini qoldirib, Isoga ergashdi. So‘ngra Levi o‘z uyida Isoning sharafiga katta ziyofat berdi. Mehmonlar orasida bir guruh soliqchilar va boshqa odamlar bor edi. Farziylar va farziylarning mazhabidan bo‘lgan tafsirchilar norozi bo‘lib, Isoning shogirdlariga dedilar: — Nega sizlar soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb–ichib o‘tiribsizlar? Iso ularga shunday javob berdi: — Sog‘lar emas, xastalar tabibga muhtojdir. Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman. Ba’zi odamlar Isoga dedilar: — Mana, Yahyoning shogirdlari farziylarning shogirdlari kabi tez–tez ro‘za tutib, ibodat qilishadi. Sizning shogirdlaringiz esa yeb–ichib yuribdilar! Iso ularga dedi: — Kuyov davrada bo‘lganda to‘yga kelgan mehmonlarni ro‘za tutishga majbur qilib bo‘lardimi?! Biroq ular kuyovdan judo bo‘ladigan kunlar keladi, ana o‘shanda ro‘za tutadilar. Iso ularga bir masalni ham aytib berdi: — Hech kim yangi kiyimdan yirtib olib, eski kiyimga yamoq solmaydi. Aks holda yangi kiyim ham yirtiladi, yangi kiyimdan olingan yamoq ham eski kiyimga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yorib yuboradi, sharob to‘kiladi, mesh ham nobud bo‘ladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor. Eski sharobdan ichgan odam yangi sharobni istamaydi. “Eskisi yaxshi”, deb aytadi. Shabbat kunlarining birida Iso bug‘doyzordan o‘tib ketayotgan edi. Uning shogirdlari boshoqlardan uzib olib, kaftlarida uqalab, donlarini yeyayotgan edilar. Ba’zi farziylar esa ularga dedi: — Nega sizlar Shabbat kuni qonunga xilof ish qilyapsizlar? Iso ularga shunday javob berdi: — Dovud hamrohlari bilan och qolganda nimalar qilganini nahotki sizlar hech o‘qimagan bo‘lsangiz?! U Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni yegan. Hatto hamrohlariga ham bergan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar yeyishga haqli edilar–ku! Iso yana dedi: — Inson O‘g‘li Shabbat kunining ham Hokimidir. Boshqa Shabbat kuni Iso sinagogaga kirib ta’lim berdi. U yerda o‘ng qo‘li qurib qolgan bir odam bor edi. Tavrot tafsirchilari bilan farziylar Isoni ayblash uchun biron sabab topish maqsadida: “Iso Shabbat kuni ham bu odamga shifo berarmikan”, deb Uni kuzatib turardilar. Iso ularning bu niyatini bila turib, qo‘li shol odamga: — O‘rningdan turib oldinga chiq! — deb buyurdi. U oldinga chiqdi. Iso yig‘ilganlarga dedi: — Sizlarga bir savolim bor. Qonunga muvofiq Shabbat kuni yaxshilik qilish kerakmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilish kerakmi yoki nobud qilishmi? Iso ularning hammasiga nazar tashlab chiqdi–da, u odamga: — Qo‘lingni uzat! — dedi. U odam qo‘lini uzatishi bilanoq qo‘li soppa–sog‘ bo‘lib qoldi. Tafsirchilar bilan farziylar g‘azabdan jazavasi tutib, Isoni nima qilsak ekan, deb muhokama qila boshladilar. O‘sha kunlarning birida Iso ibodat qilgani toqqa chiqdi. U tun bo‘yi Xudoga ibodat qildi. Tong otgach, shogirdlarini yoniga chaqirdi va oralaridan quyidagi o‘n ikkitasini tanlab olib, ularga havoriylar deb nom berdi: Shimo‘n (Iso unga Butrus deb ism berdi), uning ukasi Idris, Yoqub, Yuhanno, Filip, Bartolomey, Matto, To‘ma, Alfey o‘g‘li Yoqub, vatanparvar deb nom olgan Shimo‘n, Yoqub o‘g‘li Yahudo va keyinchalik xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot. Shundan so‘ng Iso ular bilan birga pastga tushib, tekis joyda to‘xtadi. Bu yerda Uning ko‘plab shogirdlari, shuningdek, butun Yahudiyadan, Quddusdan, Tir va Sidon sohillaridan kelgan bir talay olomon bor edi. Ular Isoni tinglagani va xastaliklaridan forig‘ bo‘lgani kelgan edilar. Yovuz ruhlardan azob chekayotgan odamlar ham shifo topdilar. Hamma odamlar qo‘llarini Isoga tekkizishga urinardi, chunki Undan bir kuch chiqib, hammaga shifo berardi. Iso shogirdlariga qarab, dedi: “Ey kambag‘allar, sizlar baxtlisiz! Xudoning Shohligi sizlarnikidir. Ey hozir och bo‘lganlar, baxtlisiz! Sizlar to‘q bo‘lasizlar. Ey yig‘layotganlar, baxtlisiz! Sizlar quvonib kulasizlar. Inson O‘g‘liga yon bosganingiz uchun Odamlar sizdan nafratlanganlarida, Jamiyatdan quvib, haqoratlaganlarida, Ismingizni qoralaganlarida, Sizlar baribir baxtlisizlar! Shunday kunlar kelganda quvoning, shodlikdan sakrang. Sizlarni osmonda buyuk mukofot kutmoqda. Axir, sizlarga ozor yetkazayotgan odamlarning ota –bobolari ham payg‘ambarlarga shunday qilganlar. Ey boylar, holingizga voy! Sizlar rohatingizni ko‘rib bo‘ldingizlar. Ey qorni to‘qlar, holingizga voy! Sizlar och qolasizlar. Ey kulayotganlar, holingizga voy! Sizlar aza tutib, faryod qilasizlar. Barcha odamlar sizni maqtaganda holingizga voy. Axir, ularning ota–bobolari Soxta payg‘ambarlarni ham xuddi shunday maqtaganlar.” “Ey meni tinglayotganlar, sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni sevinglar, sizdan nafratlanganlarga yaxshilik qilinglar. Sizlarga la’nat aytganlarni duo qilinglar. Sizga ozor berganlar uchun ibodat qilinglar. Bir chakkangizga ursalar, ikkinchisini ham tuting. Agar kimdir to‘ningizni tortib olsa, ko‘ylagingizni ham yechib bering. Sizdan so‘raganlarning hammasiga bering. Agar kimdir narsangizni tortib olsa, “Qaytarib ber”, deb talab qilmang. Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangizlar, siz ham ularga o‘shani qilinglar. Agar sizni sevganlarnigina yaxshi ko‘rsangiz, qanday savob qilgan bo‘lasizlar?! Hatto gunohkorlar ham o‘zlarini sevganlarni yaxshi ko‘radilar. Agar o‘zingizga yaxshilik qilganlargagina yaxshilik qilsangiz, qanday savob qilgan bo‘lasiz?! Hatto gunohkorlar ham xuddi shunday qiladilar. Agar siz qaytarib olishga umid qilib qarz bersangiz, qanday savob qilgan bo‘lasiz?! Hatto gunohkorlar ham qancha qarzlari bo‘lsa, hammasini qaytarib olish maqsadida gunohkorlarga qarz beradilar. Lekin siz dushmanlaringizni seving, ularga yaxshilik qiling, qaytarib berishini o‘ylamay, qarz bering. Shunda buyuk mukofot olib, Xudoyi Taoloning farzandlari bo‘lasizlar. Axir, Uning O‘zi ham noshukurlarga va fosiqlarga mehribon–ku! Otangiz rahmdil bo‘lgani kabi, sizlar ham rahmdil bo‘linglar.” “Boshqalarni hukm qilmang, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi. Boshqalarni ayblamang, shunda Xudo ham sizni ayblamaydi. Boshqalarni kechiring, shunda Xudo sizni kechiradi. Boshqalarga bering, Xudo ham sizlarga beradi, mo‘l–ko‘l qilib beradi, bosib, silkitib to‘ldirilgan, toshib–to‘kilgan o‘lchov bilan qo‘yningizni to‘ldiradi. Sizlar qanday o‘lchov bilan o‘lchasangizlar, Xudo ham sizlarga xuddi shunday o‘lchov bilan o‘lchab beradi.” Iso ularga quyidagi matalni ham aytib berdi: “Ko‘r odam ko‘rni yetaklab yura oladimi?! Ikkalasi ham chuqurga qulab tushadi–ku! Shogird ustozidan ustun bo‘lmas. Ammo mukammal bilim egallagan shogird ustoziday bo‘lar. Nima uchun sen birodaringning ko‘zidagi zirapchani ko‘rasan–u, o‘z ko‘zingdagi xodani sezmaysan? Ko‘zingdagi xodani ko‘rmay turib qanday qilib birodaringga: “Kel, ko‘zingdagi zirapchani olib tashlay”, deb aytasan? Hoy, ikkiyuzlamachi! Oldin ko‘zingdagi xodani chiqarib ol, shunda ko‘zing tiniq ko‘radi va birodaringning ko‘zidan zirapchani chiqara olasan.” “Yaxshi daraxt yomon meva bermas, yomon daraxt esa yaxshi meva bermas. Har bir daraxtning qandayligi o‘z mevasidan bilinadi. Tikanzordan anjir terilmaydi, butazordan uzum uzilmaydi. Yaxshi odam yuragining ezgulik xazinasidan yaxshilik chiqaradi, yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqaradi. Odamning dili nimaga to‘lib–toshsa, o‘sha tiliga chiqadi.” “Nega sizlar Meni “ Yo Rabbiy, yo Rabbiy!” deb chaqirasiz–u, ammo aytganlarimni qilmaysizlar? Mening oldimga kelgan va so‘zlarimni eshitib, ularga rioya qilgan odam kimga o‘xshashini bilasizlarmi? Uy qurayotganda, chuqur handaq qazib, tosh ustiga poydevor o‘rnatgan kishiga o‘xshaydi u. Sel toshib, o‘sha uyni suv bosadi, lekin uyni qo‘zg‘ata olmaydi. Chunki uy mahkam o‘rnatilgan. Ammo Mening so‘zlarimni tinglab, ularga rioya qilmaydigan odam uyni tuproq ustiga, poydevorsiz qurgan kishiga o‘xshaydi. Uyni suv bosganda, uy o‘sha zahoti qulab tushadi. Uy butunlay vayron bo‘ladi.” Iso xalqqa bu so‘zlarini aytib bo‘lgandan keyin, Kafarnahum shahriga ketdi. U yerda bir yuzboshining juda aziz xizmatkori kasal bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotgan edi. Yuzboshi Iso to‘g‘risida eshitib qoldi va yahudiy oqsoqollarini Uning oldiga yuborib: “Keling, xizmatkorimga shifo bering”, deb iltimos qildi. Ular Isoning yoniga kelgach, qattiq o‘tinch bilan: — U Sizning yordamingizga munosibdir. U xalqimizni yaxshi ko‘radi, bizga hatto sinagoga ham qurib bergan, — deyishdi. Iso ular bilan birga ketdi. U uyga yaqinlashib qolganda, yuzboshi do‘stlari orqali shunday xabar jo‘natdi: — Hazrat, ovora bo‘lmang! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman. Men o‘zimni noloyiq hisoblaganim uchun Sizning oldingizga o‘zim bormadim. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sog‘ayib ketadi. Men o‘zim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qo‘lim ostida askarlar bor. Birisiga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi. Iso bu so‘zlarni eshitgach, yuzboshidan hayratlandi. U o‘girilib, orqasidan ergashib kelayotgan olomonga dedi: — Sizlarga shuni aytay: Men hattoki Isroilda ham bunday kuchli imonga ega bo‘lgan odamni uchratmadim. Yuborilganlar yuzboshining uyiga qaytib kelganlarida, xizmatkor sog‘ayib qolganini ko‘rdilar. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Iso Nain degan shaharga bordi. Uning shogirdlari va bir talay olomon Iso bilan birga edi. Iso shahar darovozasiga yetib qolganda, vafot etgan bir odamni olib chiqishayotganini ko‘rib qoldi. Marhum — beva ayolning yolg‘iz o‘g‘li ekan. Ayol bilan birga shahardan bir talay olomon chiqib kelayotgan edi. Rabbimiz Iso bu ayolni ko‘rgach, unga rahmi kelib: — Yig‘lama! — dedi. Keyin Iso yaqinlashib, tobutga qo‘lini tekkizdi. Tobutni ko‘tarib borayotganlar to‘xtab qoldilar. Iso o‘likka: — Ey yigit, senga aytaman: tur o‘rningdan! — dedi. O‘shanda o‘lik rostlanib o‘tirdi–da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi. Hammani vahima bosdi. Odamlar: “Oramizda buyuk payg‘ambar paydo bo‘ldi, Xudo O‘z xalqini qutqarish uchun keldi”, — deb Xudoga hamdu sano aytardilar. Iso haqidagi bu xabar Yahudiyaga va butun atrofga yoyildi. Yahyoga shogirdlari bo‘lib o‘tgan bu voqealar to‘g‘risida xabar berishdi. Yahyo shogirdlaridan ikkitasini chaqirib, ularni Rabbimiz Isoning oldiga shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” Ular Isoning oldiga borib deyishdi: — Bizni Yahyo cho‘mdiruvchi yubordi. U Sizdan: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” deb so‘rayapti. Ayni shu paytda Iso ko‘p odamlarning xastaliklariyu dardlariga shifo berayotgan, yovuz ruhlarga chalinganlarni tuzatayotgan, ko‘plab ko‘rlarning ko‘zlarini ochayotgan edi. Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi: — Boringlar, ko‘rib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar: ko‘rlar ko‘rmoqda, cho‘loqlar yurmoqda, teri kasalligiga chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, o‘liklar tirilmoqda, yo‘qsillar Xushxabarni eshitmoqda. Mendan yuz o‘girmaganlar naqadar baxtlidir! Yahyoning xabarchilari ketgandan keyin, Iso olomonga Yahyo haqida gapira boshladi: “Sahroga nimani ko‘rgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? Xo‘sh, nimani ko‘rgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Biroq bashang kiyinib, boy–badavlat yashaydiganlar shoh saroyida bo‘ladi–ku! Unday bo‘lsa, nimani ko‘rgani bordingizlar? Payg‘ambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar payg‘ambardan ham ulug‘ini ko‘rdingizlar! U haqda shunday yozilgan: “Mana, Sendan oldin Men O‘z elchimni yuboryapman, U Sen uchun yo‘lni hozirlaydi.” Sizlarga aytamanki, butun inson zoti orasida Yahyodan ulug‘i yo‘q. Ammo Xudoning Shohligida hammadan kichigi ham undan kattadir. Yahyoni eshitgan jamiki odamlar, hatto soliqchilar ham Xudoning yo‘li to‘g‘ri ekanligini tan olgan edilar. Ular Yahyo tomonidan suvga cho‘mdirilgandilar. Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari esa, Yahyo tomonidan suvga cho‘mdirilishni istamay, Xudoning ular uchun bo‘lgan maqsadini rad qildilar. Shunday ekan, zamonimizdagi odamlarni kimga qiyoslasam bo‘ladi? Ular bolalarga o‘xshaydilar — maydonda o‘tirib olib, shunday deya bir–birlariga baqiradilar: “Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz, Biz oh–voh qildik, ammo sizlar yig‘lamadingiz.” Yahyo cho‘mdiruvchi kelib na non yedi, na sharob ichdi. Sizlar esa: “Uni jin uribdi”, deysizlar. Inson O‘g‘li kelib, ham yedi, ham ichdi. Uni esa sizlar: “Yebto‘ymas, sharobxo‘r, soliqchilar va gunohkorlarning do‘sti”, deysizlar. Ammo bilib qo‘yinglar: Xudoning donoligini tan olganlar Uning donoligi to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib turibdilar.” Farziylardan biri Isoni taom yeyishga taklif qildi. Iso farziyning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi. Shaharda gunohkor bir ayol bor edi. U: “Iso farziyning uyida mehmonda ekan”, deb eshitdi va ganchdan yasalgan idishda atir moyi olib keldi. O‘sha ayol Isoning oyoqlari tomonida turib yig‘ladi. Ayolning ko‘z yoshlari Isoning oyoqlariga tomar edi. Keyin ayol Isoning oyoqlarini sochlari bilan artib, o‘pa boshladi, oyoqlariga atir moyi surtdi. Isoni o‘z uyiga taklif qilgan farziy buni ko‘rib: “Agar bu odam haqiqatan ham payg‘ambar bo‘lganda edi, Unga qo‘l tekkizgan ayolning kimligini va qanaqaligini bilgan bo‘lardi, bu ayol gunohkor–ku”, — deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Iso farziyga dedi: — Shimo‘n, senga bir gap aytmoqchiman. — Ayting, Ustoz! — dedi u. Iso dedi: — Ikki kishi bir odamdan qarzdor ekan: biri besh yuz kumush tanga, ikkinchisi ellik kumush tanga. Ular qarzlarini to‘lay olmagani uchun, qarz beruvchi ikkovining ham qarzidan kechib yuboribdi. Xo‘sh, ulardan qaysi biri qarz berganni ko‘proq yaxshi ko‘radi? Shimo‘n javob berib dedi: — Menimcha, ko‘proq qarzi kechirilgan odam bo‘lsa kerak. — To‘g‘ri mulohaza qilding, — dedi unga Iso. Keyin Iso ayolga o‘girilib qaradi–da, Shimo‘nga dedi: — Mana bu ayolni ko‘ryapsanmi? Men uyingga kelganimda, oyoqlarimni yuvgani suv bermading. U esa ko‘z yoshlari bilan oyoqlarimni yuvib, sochlari bilan artib quritdi. Sen Meni o‘pib kutib olmading. Bu ayol esa, kelganimdan beri oyoqlarimni o‘pishdan to‘xtagani yo‘q. Sen boshimga zaytun moyi surtmading, bu ayol esa oyoqlarimga atir moy surtdi. Senga aytay: bu ayolning gunohlari ko‘p edi, kechirildi. Chuqur mehrining sababi ham shudir. Oz kechirilganning mehri oz bo‘ladi. So‘ng Iso ayolga: — Gunohlaring kechirildi, — dedi. Iso bilan dasturxon atrofida yonboshlaganlar ichlarida aytardilar: “Bu kim bo‘ldiki, hatto gunohlarni ham kechiradi–ya!” Iso esa ayolga: — Ishonching seni qutqardi, eson–omon bor, — dedi. Oradan ko‘p o‘tmay, Iso shaharu qishloqlarga borib, Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni e’lon qildi. O‘n ikki shogirdi U bilan birga edi. Yovuz ruhlardan va xastaliklardan xalos bo‘lgan bir necha ayollar ham Isoga ergashgan edilar. Bular: Magdalalik Maryam (uning ichidan yettita jin chiqib ketgan edi), Hirodning saroy boshqaruvchisi Xuzaning xotini Yo‘anna, Suzanna va ko‘plab boshqa ayollar edi. Ular o‘z mol–mulklarini Iso bilan Uning shogirdlari ehtiyojlari uchun sarf qilardilar. Bir kuni shaharu qishloqlardan talay olomon kelib, Isoning yonida to‘plandi. Iso shunday masal aytdi: “Bir dehqon urug‘ sepgani chiqibdi. U urug‘ sepayotganda ba’zi urug‘lar so‘qmoq yo‘l ustiga tushibdi. Odamlar urug‘larni bosibdi, qushlar cho‘qib ketibdi. Ba’zi urug‘lar toshloq joyga tushibdi. Urug‘lar ko‘karib chiqibdi–yu, ammo namlik bo‘lmagani uchun, qurib qolibdi. Boshqa urug‘lar tikanlar orasiga tushibdi. Urug‘lar bilan birga o‘sib chiqqan tikanlar urug‘larni bo‘g‘ib qo‘yibdi. Yana ba’zi urug‘lar yaxshi tuproqqa tushibdi. Ular ko‘karib chiqib, har biri yuz baravar hosil beribdi.” Iso bularni aytib bo‘lib, baland ovozda: “Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!” — dedi. Shogirdlar Isodan: — Bu masalning ma’nosi nima? — deb so‘rashdi. U shunday javob berdi: — Xudo Shohligining sirlarini bilish sizlarga berilgan. Boshqalarga esa, Men hamma narsani masallar bilan tushuntiraman, toki ular: “Tinglab turib, tushunmasinlar, Qarab turib, anglamasinlar.” “Bu masalning ma’nosi shu: Urug‘ — Xudoning kalomidir. So‘qmoq yo‘l ustiga tushgan urug‘lar shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitadilar, lekin ishonmasliklari va najot topmasliklari uchun iblis ularning yuragidan kalomni olib ketadi. Toshloq joyga tushgan urug‘lar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda uni sevinch bilan qabul qiladilar. Ammo ular ildiz otmagan. Shuning uchun ular qisqa vaqt davomida ishonadilar, sinov payti kelganda esa imondan qaytadilar. Tikanlar orasiga tushgan urug‘lar shunday odamlarni bildiradiki, ular kalomni eshitadilar, biroq umri davomidagi tashvishlar, boylik va hayot lazzatlari bunday urug‘larni bo‘g‘ib qo‘yadi. Ularning hosili yetilmaydi. Yaxshi tuproqqa tushgan urug‘lar esa shunday kishilarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uni ezgu, samimiy yurakda asraydilar va sabr–toqat ila hosil beradilar.” “Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopib qo‘ymaydi yoki chorpoya tagiga yashirib qo‘ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug‘likni ko‘rsin, deb uni chiroqpoyaga qo‘yadi. Axir, har qanday yashirin narsa ma’lum bo‘ladi. Har qanday sir ochiladi. Shunday ekan, yaxshilab quloq solinglar: kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, bor, deb o‘ylagan narsasi ham undan tortib olinadi.” Isoning onasi bilan ukalari Uning oldiga keldilar, ammo odam ko‘pligidan Unga yaqinlasha olmadilar. Isoga: — Onangiz bilan ukalaringiz tashqarida turishibdi, ular Sizni ko‘rishmoqchi, — deb aytishdi. Iso ularga shunday javob berdi: — Xudoning so‘zini eshitib, unga amal qiluvchilar Mening onam va ukalarimdir. Bir kuni Iso shogirdlariga: “Ko‘lning narigi tomoniga o‘taylik”, — dedi. Ular qayiqqa o‘tirib, jo‘nab ketdilar. Suzib ketayotganlarida Iso uxlab qoldi. Ko‘lda qattiq bo‘ron ko‘tarildi, qayiq suvga to‘la boshladi. Ular xavfli ahvolda qoldilar. Shunda shogirdlar: — Ustoz! Ustoz! Halok bo‘lyapmiz! — deb Isoni uyg‘otdilar. Iso turib shamolga va quturayotgan to‘lqinlarga do‘q urdi. Shu onda shamol tindi, sukunat tushdi. Iso shogirdlariga: — Ishonchingiz qani?! — dedi. Ular esa qo‘rquv va hayrat ichra bir–biriga shunday deyishdi: — Bu kim bo‘ldi ekan–a? U hatto shamolu suvga amr beradi, ular esa bo‘ysunadi–ya! Iso shogirdlari bilan qayiqqa tushib, Jalila ko‘lining narigi qirg‘og‘idagi Gerasa hududiga suzib keldi. Iso qirg‘oqqa chiqishi bilan Uni jinga chalingan shaharlik bir odam qarshi oldi. Bu odam ancha vaqtdan beri kiyim kiymas edi. U uyda emas, qabriston g‘orlarida yashardi. O‘sha odam Isoni ko‘rgach, qichqirib yubordi. O‘zini Uning oyoqlari ostiga otib, ovozi boricha baqirdi: — Ey Iso, Xudoyi Taoloning O‘g‘li! Meni tinch qo‘y! O‘tinaman, menga azob berma! — dedi. Chunki Iso yovuz ruhga bu odamdan chiqib ketishni buyurgan edi. Ko‘p marta yovuz ruh bu odamdan ustun kelib, uni boshqarardi. Garchi bu odamning qo‘l–oyoqlarini zanjir bilan bog‘lab qo‘riqlashgan bo‘lsa ham, u zanjirni uzib tashlardi, jin esa uni kimsasiz joylarga olib ketardi. Iso jindan: — Isming nima? — deb so‘radi. — Ismim Tumonat, — dedi u. Chunki bu odamning ichiga bir talay jin kirib olgan edi. Jinlar Isodan: “Bizni tubsiz chuqurlikka yubormagin”, deb yolvorib so‘radilar. Shu tog‘ning yon bag‘rida katta bir cho‘chqa podasi o‘tlab yurgan edi. Jinlar Isodan: “Cho‘chqalarning ichiga kirishimiz uchun bizga ijozat ber”, deb yolvordilar. Iso ularga ruxsat berdi. Shunda jinlar bu odamdan chiqib, cho‘chqalarga kirib olishdi. Cho‘chqa podasi tik qiyalikdan ko‘lga yopirilib, cho‘kib ketdi. Cho‘chqa boquvchilar sodir bo‘lgan voqeani ko‘rib qochdilar. Ular bo‘lib o‘tgan hodisani shahar va qishloqlarda gapirib yurdilar. Odamlar bo‘lib o‘tgan voqeani ko‘rgani keldilar. Ular Isoning oldiga kelganlarida, jindan xalos bo‘lgan odamni ko‘rdilar. U odam kiyingan, aqli raso holda Isoning oyoq tomonida o‘tirardi. Ular buni ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Voqeani ko‘rganlar esa jin chalgan odamning qanday qilib shifo topganini so‘zlab berdilar. Shunda Gerasa hududidan kelgan hamma odamlar qattiq vahimaga tushib, Isoga: “Bizning yurtimizdan chiqib keting”, deb iltimos qildilar. Iso qayiqqa tushib, qaytib ketdi. [38-39] Jinlardan xalos bo‘lgan odam Isoga: — Siz bilan ketay, — deb yolvordi. Iso esa: — Uyingga qaytib bor. Xudo sen uchun nimalar qilganini aytib ber, — deb uni jo‘natib yubordi. U kishi borib, Iso unga qanchalar muruvvat ko‘rsatganini butun shaharga e’lon qildi. *** Iso ko‘lning bu qirg‘og‘iga qaytib kelganda, xalq Uni qarshilab oldi, chunki hamma Uni kutayotgan edi. Shu payt Yair ismli bir odam kelib qoldi. U sinagoga oqsoqoli edi. U Isoning oyog‘iga bosh urib: “Iltimos, uyimga yuring”, deb yolvordi. Chunki Yairning o‘n ikki yoshli yolg‘iz qizi o‘lim to‘shagida yotgan edi. Iso o‘sha odam bilan ketdi. Olomon Isoni har tomondan qisib qo‘yardi. Olomon orasida o‘n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. U bor–budini tabiblarga sarflagan bo‘lsa ham, birontasi unga shifo bera olmagan edi. Ayol Isoning orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qo‘lini tekkizdi. Shu zahoti qon ketishi to‘xtadi. — Menga kim tegdi? — deb so‘radi Iso. Isoga qo‘l tekkizganini hech kim tan olmadi. Shunda Butrus dedi: — Ustoz, olomon Sizni o‘rab olib, siqib qo‘yganini ko‘rib turibsiz–ku! Lekin Iso dedi: — Kimdir Menga qo‘lini tekkizdi. Ichimdan bir kuch chiqqanini sezdim. Nazardan chetda qola olmasligini bilib, ayol titragancha Isoning oldiga keldi. Uning oyoqlari ostiga o‘zini tashlab, butun xalq oldida nima sababdan Isoga qo‘lini tekkizganini va qo‘l tekkizgan zahoti shifo topganini aytib berdi. Iso unga dedi: — Qizim, ishonching seni sog‘aytirdi. Eson–omon bor. Iso shunday deb turgan ham ediki, sinagoga oqsoqolining uyidan kimdir kelib unga: — Qizingiz o‘ldi, Ustozni ovora qilmay qo‘ya qoling, — dedi. Buni eshitgan Iso sinagoga oqsoqoli Yairga dedi: — Qo‘rqmang. Faqat ishoning, qizingiz shifo topadi. Iso oqsoqolning uyiga kelganda, Butrus, Yuhanno, Yoqub va qizning ota –onasidan boshqa hech kimning ichkariga kirishiga ruxsat bermadi. Hamma qizcha uchun dod–faryod qilayotgan edi. Iso ularga dedi: — Yig‘lamanglar, axir, qizcha o‘lmagan, u uxlab yotibdi. Ular esa Isoning ustidan kuldilar, chunki qizcha o‘lganini bilardilar. Iso esa qizchaning qo‘lidan ushlab: — Qizaloq, tur o‘rningdan! — dedi. Qizchaga jon kirdi. U shu zahoti o‘rnidan turdi. Iso: “Qizchaga ovqat beringlar”, — deb buyurdi. Qizchaning ota–onasi dong qotib qoldilar. Iso esa ularga bo‘lgan voqea haqida hech kimga og‘iz ochmaslikni buyurdi. Iso o‘n ikki havoriyni yoniga chaqirib, ularga hamma jinlarni quvib chiqarish va kasalliklarni davolash qudrati va hokimiyatini berdi. Iso ularni Xudoning Shohligini e’lon qilishga va xastalarni shifolashga yuborar ekan, shunday dedi: “Yo‘lga hech narsa olmanglar: hassa ham, to‘rva ham, non, pul, hatto qo‘shimcha kiyim ham olmanglar. Qaysi uyga kirsangizlar, o‘sha shahardan ketguningizcha shu uyda qolinglar. Agar biror shaharda sizni qabul qilmasalar, u yerdan chiqayotganingizda ularga ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar.” Havoriylar ketdilar. Qishloqma–qishloq yurib, hamma yoqda Xushxabarni e’lon qildilar, xastalarga shifo berdilar. Viloyat hukmdori Hirod sodir bo‘layotgan ajoyibotlar haqida eshitib, esankirab qoldi. Chunki ba’zilar: “Yahyo tirilib kelibdi”, — desalar, boshqalar: “ Ilyos payg‘ambar zohir bo‘libdi”, — der edilar. Yana boshqalar bo‘lsa: “Qadimgi payg‘ambarlardan biri tirilib kelibdi”, — deyishardi. Hirod: “Men Yahyoning boshini oldirgan edim, ammo menga aytishayotgan bu odam kim bo‘ldi ekan?” — deb Isoni ko‘rgisi keldi. Havoriylar qaytib keldilar va qilgan hamma ishlarini Isoga aytib berdilar. Iso faqatgina havoriylari bilan vaqt o‘tkazmoqchi bo‘lib, ularni Baytsayda shahriga olib ketdi. Olomon esa bu haqda xabar topib, Uning orqasidan ergashdi. Iso olomonni yaxshi kutib oldi, ularga Xudoning Shohligi to‘g‘risida gapirdi, shifoga muhtojlarni shifoladi. Kun botib, kech kira boshladi. O‘n ikki havoriy Isoning oldiga kelib dedilar: — Odamlarni jo‘natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloqlarga, ovullarga borib, o‘zlariga tunash uchun joy va yegulik topsinlar. Axir, biz kimsasiz joydamiz. — Sizlar ularga ovqat beringlar! — dedi Iso. — Beshta non va ikkita baliqdan boshqa hech narsamiz yo‘q–ku! — deya javob berdi shogirdlar. — Nima, biz borib, shuncha odamga ovqat sotib olaylikmi?! U yerda taxminan besh mingga yaqin erkak bor edi. Iso shogirdlariga dedi: — Odamlarni ellikta–ellikta qilib o‘tqazinglar. Shogirdlar aytilganday qilib, hammani yerga o‘tqazdilar. Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi, osmonga qarab shukrona duosini o‘qidi. So‘ng bularni sindirib, xalqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Hamma yeb to‘ydi. Ortib qolgan burdalarni yig‘ib olishganda, o‘n ikki savat chiqdi. Bir kuni Iso yolg‘iz O‘zi ibodat qilayotganda, shogirdlari kelib qolishdi. Iso ulardan: — Xalq Meni kim deb biladi? — deya so‘radi. Ular shunday javob berdilar: — Ba’zilar Sizni Yahyo cho‘mdiruvchi deb hisoblaydilar, ba’zilar Ilyos, boshqalari esa, qadimgi payg‘ambarlardan biri tirilib kelgan, deb aytib yuribdilar. — Sizlar–chi, Meni kim deb bilasiz? — deb so‘radi Iso. — Siz Xudo yuborgan Masihsiz! — deb javob berdi Butrus. Iso shogirdlariga: “Bularni hech kimga aytmanglar, — deb qat’iy ogohlantirib gapirdi. — Inson O‘g‘li ko‘p azob chekadi. Oqsoqollar, bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari tomonidan rad qilinib, o‘ldiriladi. Uchinchi kuni esa tiriladi.” So‘ng hammaga dedi: “Kimda–kim Menga ergashishni istasa, o‘zidan kechsin va har kuni o‘z xochini ko‘tarib, ortimdan yursin. Kim o‘z jonini asrab qolmoqchi bo‘lsa, uni yo‘qotadi. Kim Men uchun jonini bersa, uni asrab qoladi. Agar inson butun dunyoni egallab olsa–yu, biroq o‘z hayotiga o‘zi zomin bo‘lsa, bundan unga nima foyda?! Mendan va Mening so‘zlarimdan uyalmanglar! Aks holda Inson O‘g‘li O‘zining, Otasining va muqaddas farishtalarning ulug‘vorligida kelganda, U ham sizlardan uyaladi. Sizlarga chinini aytayin: bu yerda turganlardan ba’zilari Xudoning Shohligini ko‘rmaguncha, o‘lmaydilar.” Iso bu gaplarni aytgandan keyin oradan sakkiz kun o‘tdi. U Butrusni, Yuhanno bilan Yoqubni olib, ibodat qilgani toqqa chiqdi. Ibodat paytida Isoning yuzi o‘zgardi, kiyimlari ham ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib qoldi. [30-31] Birdaniga Isoning oldida ikki odam paydo bo‘ldi, ularning butun borlig‘i nur taratib turardi. Bu ikki odam Muso va Ilyos bo‘lib, Iso bilan gaplashayotgan edilar. Ular Isoning tez orada Quddusga borishi va u yerda Xudoning rejasini amalga oshirib, olamdan o‘tishi to‘g‘risida suhbatlashayotgan edilar. *** Butrus va u bilan birga bo‘lganlar qattiq uyquga ketgan edilar. Ular birdan uyg‘onib, Isoning ulug‘vorligini va Uning yonida turgan ikki odamni ko‘rdilar. Bu ikki odam ketmoqchi bo‘lib turganda Butrus Isoga dedi: — Ustoz, yaxshi ham shu yerda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik, bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga. Ammo u nima deb aytayotganini o‘zi ham bilmas edi. U shu gapini tugatmagan ham ediki, bulut paydo bo‘lib, hammalariga soya soldi. Bulut ostida qolgan shogirdlar qo‘rqib ketdilar. Bulut orasidan esa shunday ovoz eshitildi: — Bu Mening O‘g‘limdir, Men Uni tanladim. Unga quloq solinglar! Ovoz tingandan keyin, shogirdlar Isoning u yerda yolg‘iz qolganini ko‘rdilar. Shogirdlar ko‘rganlarini sir saqlab, o‘sha kunlarda hech kimga aytmadilar. Ertasi kuni Iso va Uning uch shogirdi tog‘dan tushdilar. Isoni katta olomon kutib oldi. To‘satdan olomon orasidan bir odam baqirib koldi: — Ustoz! Yolvoraman, o‘g‘limni ko‘rib qo‘ying! U mening yakkayu yagona o‘g‘lim! Ba’zan uni jin tutib turadi. Shunda o‘g‘lim birdaniga baqirib qoladi. Og‘zidan ko‘pik chiqquncha, jin uni dag‘–dag‘ qaltiratadi. Bolani o‘lguday charchatib, azob beradi. Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, deb yolvordim, ammo ular eplay olmadilar. Iso shunday javob berdi: — Ey imonsiz va buzuq avlod! Qachongacha sizlar bilan birga bo‘lishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! O‘g‘lingni bu yerga olib kel! Bola yaqinlashayotganda, jin uni yerga ag‘natib, qaltirata boshladi. Lekin Iso yovuz ruhga do‘q urib, bolaga shifo berdi. So‘ng uni otasiga topshirdi. Hamma Xudoning qudratiga hayron qoldi. Odamlar Isoning qilayotgan ishlaridan hayratlanayotgan edilar. Shunda Iso O‘z shogirdlariga dedi: “Sizlar bu so‘zlarimni quloqlaringizga quyib olinglar! Inson O‘g‘li odamlar qo‘liga tutib beriladi.” Ammo shogirdlar bu so‘zlarni tushunmadilar. Bu so‘zlarning ma’nosi ular uchun qorong‘i bo‘lib, uni anglamadilar. “Bu nima deganingiz?” — deb Isodan so‘rashga ham botina olmadilar. Shogirdlar o‘rtasida: “Oramizda eng katta kim?” — degan bahs bo‘ldi. Ularning bu o‘y–xayollarini bilgan Iso bir bolani olib O‘zining yoniga turg‘izdi–da, ularga dedi: — Kim bu bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo‘ladi. Kim Meni qabul qilsa, Meni Yuborganni qabul qilgan bo‘ladi. Oralaringizdagi eng kichigingiz aslida eng kattangizdir. Shunda Yuhanno dedi: — Ustoz! Biz bir odamni ko‘rdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani sababli, unga bunday qilishni man etdik. — Man etmang! — dedi Iso. — Kimki sizlarga qarshi bo‘lmasa, u siz tomonda. Isoning osmonga ko‘tariladigan kuni yaqinlashib kelarkan, U Quddusga borishga qaror qildi. O‘zidan oldin xabarchilarni yubordi. Ular Isoning kelishiga hozirlik ko‘rish uchun Samariyaning bir qishlog‘iga kirdilar. Ammo Samariyaliklar Isoni qabul qilmadilar, chunki U Quddusga ketayotgan edi. Uning shogirdlari Yoqub bilan Yuhanno bu vaziyatni ko‘rib, shunday dedilar: — Hazrat, istasangiz, biz: “Osmondan olov tushsin! Bularni yo‘q qilib yuborsin!” deb buyuramiz. Iso esa o‘girilib qaradi–da, ularni koyidi. Shundan keyin ular boshqa qishloqqa ketdilar. Yo‘lda ketayotganlarida, bir odam Isoga: — Qayerga borsangiz ham, men ortingizdan boraman, — dedi. Iso o‘sha odamga shunday dedi: — Tulkilarning uyalari bor, qushlarning inlari bor. Inson O‘g‘lining esa bosh qo‘yadigan joyi yo‘q. Boshqa bir odamga Iso: — Ortimdan yur! — dedi. Lekin u: — Hazrat, ijozat bering, avval borib otamni dafn qilib kelay, — dedi. Iso esa o‘sha odamga aytdi: — Marhumlarni ruhan o‘lik bo‘lganlar dafn qilsinlar, sen esa borib, Xudoning Shohligini e’lon qilgin. Yana boshqa biri aytdi: — Hazrat, men Sizga ergashaman. Faqat oldin borib uydagilar bilan xayrlashishimga ijozat bering. Lekin Iso unga dedi: — Omochni tutib, ortiga qaragan bironta odam Xudoning Shohligiga loyiq emas. Shundan keyin Rabbimiz Iso yetmish ikki odamni tanlab oldi. Ularni ikkita–ikkita qilib, borishni mo‘ljallagan har bir shaharga, har bir joyga O‘zidan oldin jo‘natdi. Iso ularga shunday dedi: — Hosil mo‘l, ammo ishchilar oz. Hosil Egasidan: “Hosilingni yig‘ib olishga yana ishchilar yubor”, deb so‘ranglar. Boringlar! Sizni bo‘rilar orasiga qo‘zilarday yuboryapman. O‘zlaringiz bilan hamyon, to‘rva, choriq olmanglar. Yo‘lda hech kim bilan salomlashmanglar. Biror xonadonga kirganlaringizda, avvalo: “Xonadoningizda tinchlik–omonlik bo‘lsin”, deb aytinglar. Agar o‘sha xonadonda tinchliksevar odam yashayotgan bo‘lsa, siz tilagan tinchlik o‘sha odamda qoladi. Bo‘lmasa, o‘zingizga qaytib keladi. Bir xonadondan boshqa xonadonga ko‘chib yurmanglar. Kirgan xonadoningizda qolinglar. Oldingizga nima qo‘yishsa, o‘shani yeb–ichinglar. Chunki mehnatkash ish haqini olishga munosibdir. Bir shaharga kirganingizda, shahar aholisi sizlarni qabul qilsa, oldingizga qo‘yganlarini yenglar. O‘sha yerdagi xastalarga shifo berib, shahardagi odamlarga: “ Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi”, deb aytinglar. Ammo biron shaharga kirganingizda sizlarni qabul qilmasalar, o‘sha shaharning shoh ko‘chalariga chiqib shunday deb aytinglar: “Noroziligimiz tariqasida shahringizdan oyoqlarimizga yopishgan changni ham qoqib ketyapmiz. Ammo bilib qo‘ying, Xudoning Shohligi yaqinlashdi!” Sizlarga aytamanki, qiyomat kunida o‘sha shaharning holi Sado‘m shahrining holidan battar bo‘ladi. “Sening holingga voy, ey Horazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda sodir bo‘lgan mo‘jizalar Tir bilan Sidon shaharlarida yaratilganda edi, ular allaqachon qanorga o‘ranib, kulga o‘tirib, tavba qilgan bo‘lardilar. Qiyomat kunida sizning holingiz Tir va Sidonning holidan battar bo‘ladi. Ey Kafarnahum! Xudo seni ko‘klarga ko‘taradi deb o‘ylaysanmi?! Yo‘q, U seni tubsiz chuqurlikka uloqtiradi!” Iso shogirdlariga dedi: “Sizlarga quloq solgan Menga quloq solgan bo‘ladi. Sizlarni rad qilgan Meni rad qilgan bo‘ladi. Meni rad qilgan esa Meni Yuborganni rad qilgan bo‘ladi.” Yetmish ikki shogird xursand bo‘lib safardan qaytib keldilar. Ular Isoga shunday dedilar: — Hazrat, biz Sizning nomingizdan buyruq berganimizda, hatto jinlar ham itoat etyaptilar. Iso ularga dedi: — Men shaytonning osmondan yashinday tushganini ko‘rdim. Men sizlarga ilonu chayonlarni bosib ezish hokimiyatini va shaytonning butun kuch–qudratini oyoq osti qilish hokimiyatini berganman. Hech narsa sizlarga zarar yetkazmaydi. Biroq jinlar sizga bo‘ysunayotganidan xursand bo‘lmanglar, balki nomlaringiz osmonda yozilganidan xursand bo‘linglar! Shu on Iso Muqaddas Ruhning shodligiga to‘lib, dedi: “Ey Ota, yeru osmonning Egasi! Sen bu ishlarni donolaru idroklilardan yashirib, go‘daklarga ma’lum etganing uchun Senga shukrlar aytaman. Ha Ota, bu Sening ezgu xohishing edi.” So‘ng Iso odamlarga dedi: “Otam hamma narsani Mening ixtiyorimga topshirgan. O‘g‘ilning kimligini Otadan boshqa hech kim bilmaydi. Otaning kimligini ham O‘g‘ildan boshqa va O‘g‘il ayon qilishni istagan odamdan boshqa hech kim bilmaydi.” Iso shogirdlariga o‘girilib qaradi–da, ularga alohida dedi: “Sizlar ko‘rayotganlarni ko‘radigan ko‘zlar baxtlidir! Sizlarga shuni aytay: qancha payg‘ambarlar, qancha shohlar sizlar ko‘rgan voqealarni ko‘rishni istaganlar, ammo ko‘rmaganlar. Sizlar eshitganlarni eshitishni istaganlar, ammo eshitmaganlar.” Shunda Isoni sinash maqsadida kelgan Tavrot tafsirchilaridan biri turib, Unga savol berdi: — Ustoz, abadiy hayotga ega bo‘lishim uchun men nima qilishim kerak? Iso: — Qonunda bu to‘g‘rida nima yozilgan? Siz nima deb tushunasiz? — deb so‘radi. U kishi shunday javob berdi: — “Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving”, yana: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving”, deb yozilgan. Iso unga: — To‘g‘ri javob berdingiz. Siz ham shunday qiling, ana shunda yashaysiz! — dedi. Ammo u odam o‘zini oqlamoqchi bo‘lib, Isodan: — Mening yaqinim kim? — deb so‘radi. Iso shunday javob berdi: — Bir odam Quddusdan Yerixoga borayotgan ekan, qaroqchilar qo‘liga tushib qolibdi. Qaroqchilar uning kiyimlarini yechib olib, kaltaklab, chalajon qilib tashlab ketibdilar. Tasodifni qarangki, o‘sha yo‘ldan bir ruhoniy ketayotgan ekan. U haligi odamni ko‘ribdi–yu, yo‘lning narigi chetidan o‘tib ketaveribdi. O‘sha joydan o‘tib ketayotgan levi ham xuddi shunday qilibdi. U yarador odamni ko‘rib, yo‘lning narigi chetidan o‘tib ketaveribdi. Ammo o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan bir Samariyalik yarador odamni ko‘rib, unga achinib ketibdi. Uning yoniga kelib, yaralariga moy, sharob surib, bog‘lab qo‘yibdi. So‘ng uni o‘z uloviga mindiribdi–da, mehmonxonaga olib kelib, uni parvarish qilibdi. Ertasi kuni ikki dinor chiqaribdi–da, mehmonxona egasiga berib: “Unga yaxshi qarang, agar bundan ortiq xarajat qilsangiz, qaytishimda sizga to‘layman”, debdi. Sizningcha, o‘sha uch odamdan qaysi biri qaroqchilar qo‘liga tushgan odamning yaqini hisoblanadi? Tafsirchi: — Unga shafqat ko‘rsatgan odam–da, — deb javob berdi. — Boring, siz ham shunday qiling! — dedi unga Iso. Iso va Uning shogirdlari yo‘lda davom etdilar. Ular bir qishloqqa kirdilar. Bu yerda Marta ismli ayol Isoni uyiga taklif qildi. Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Rabbimiz Isoning oyoqlari oldida o‘tirib, Uning so‘zlarini tinglar edi. Marta esa mehmon kutish bilan ovora edi. U Isoning oldiga kelib dedi: — Hazrat! E’tibor bermayapsizmi, singlim hamma ishni bir o‘zimga tashlab qo‘ydi–ku! Unga ayting, menga yordam bersin. Rabbimiz Iso unga shunday javob berdi: — Eh, Marta, Marta, buncha urinib tashvishlanmasang! Zarur bo‘lgan bittagina narsa bor. Maryam o‘zi uchun eng yaxshisini tanladi va bu undan tortib olinmaydi. Bir payt Iso ibodat qilayotgan edi. Ibodatni tamom qilgach, shogirdlaridan biri Unga dedi: — Hazrat! Yahyo o‘z shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatgandi. Siz ham bizga ibodat qilishni o‘rgating. Iso ularga dedi: — Ibodat qilayotganingizda shunday deb aytinglar: Ey Otamiz! Sening muqaddas noming ulug‘lansin. Sening Shohliging kelsin. Kundalik rizqimizni bergin. Gunohlarimizni kechirgin, Chunki biz ham o‘zimizga qarshi gunoh qilgan har bir odamni kechiramiz. Bizni vasvasaga duchor qilmagin. Iso shogirdlariga dedi: — Faraz qilaylik, orangizdan birortangiz yarim kechasi do‘stingizning oldiga borib, shunday deb iltimos qildingiz: “Do‘stim, menga uchta non qarz berib tur. Hozir uyimga bir do‘stim kelib qoldi, uning oldiga qo‘yadigan biron yeguligim yo‘q.” Ichkaridagi do‘stingiz esa sizga shunday javob berdi deylik: “Meni bezovta qilma! Eshik qulf, bolalarim men bilan bir to‘shakda yotishibdi. O‘rnimdan turib senga non berolmayman!” Men sizlarga aytaman: u sizga nonni do‘sti bo‘lganingiz uchun bermasa ham, siz uni holi–joniga qo‘ymay so‘rayversangiz, so‘ragan narsangizni albatta sizga beradi. Sizlarga aytaman: so‘rang va sizga beriladi. Izlang, topasizlar. Taqillating, eshik ochiladi. Chunki so‘ragan har bir odam oladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi. Orangizdan qaysi bir ota, o‘g‘li baliq so‘raganda, unga baliq o‘rniga ilon beradi? Yoki tuxum so‘raganda, unga chayon beradi? Sizlar gunohkor bo‘la turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera olar ekansiz, osmondagi Ota ham Undan so‘raganlarga Muqaddas Ruhni berishga qanchalar tayyor.” Bir kuni Iso soqov odamdan yovuz ruhni quvib chiqardi. Jin chiqqandan so‘ng, soqov tilga kirdi, xalq esa hayratda qoldi. Ammo oralaridan ba’zilari: “U ins–jinslar hukmdori — Baalzabulning kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti!” — dedilar. Boshqalar esa Isoning Xudodan kelganini sinab ko‘rmoqchi bo‘lib, mo‘jizali alomat ko‘rsatishini talab qildilar. Iso esa ularning nima haqida o‘ylayotganini bilib turardi. U o‘sha odamlarga dedi: “O‘z ichidan bo‘linib ketgan har bir shohlik huvullab qoladi, o‘z ichidan bo‘lingan xonadon xarob bo‘ladi. Shu singari, shayton shohligi ham o‘zaro bo‘linib ketsa, uning shohligi qanday tura oladi?! Sizlarning gapingizga ko‘ra, ins–jinslar hukmdori — Baalzabul ato etgan qudrat bilan Men jinlarni quvib chiqarayotgan emishman. Agar Men jinlarni Baalzabul kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo‘lsam, u holda o‘z sheriklaringiz kimning kuchi bilan jinlarni quvib chiqarishyapti? Shu sababdan ham sheriklaringiz sizlarni hukm qiladi. Agar Men jinlarni Xudoning qudrati bilan quvayotgan bo‘lsam, demak, Uning Shohligi sizlarga ham kelgan. Boshdan–oyoq qurollangan kuchli odam uyini qo‘riqlaganda, uning mol–mulki bexatar bo‘ladi. Ammo undan kuchlirog‘i hujum qilib uni yengsa, uning tayangan barcha qurollarini tortib oladi va o‘ljasini istaganiga taqsimlab beradi. Kim Men bilan birga bo‘lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig‘masa, sochadi. Yovuz ruh insondan chiqqandan keyin, huzur–halovat izlab, suvsiz yerlarni kezadi va topmagach: “Chiqqan uyimga qaytib boraman”, deydi. Uyiga kelganda, uyni supurilgan va yig‘ishtirilgan holda ko‘radi. Shunda borib, o‘zidan ham yovuzroq boshqa yettita ruhni chaqiradi va ular bilan uyga kirib, joylashib oladi. Oxir–oqibat o‘sha odamning ahvoli oldingidan ham yomonroq bo‘ladi.” Iso shu gaplarni aytayotganda, olomon orasidan bir ayol baland ovozda Isoga dedi: — Sizni qornida ko‘tarib yurgan, sizni emizgan ayol baxtlidir! Iso esa javoban shunday dedi: — To‘g‘ri, lekin Xudoning kalomini tinglab, unga rioya qiladiganlar baxtliroqdir! Isoning oldiga katta olomon yig‘ilgandan keyin, Iso so‘z boshladi: — Hozirgi nasl qabih bir nasldir. Bu nasl alomat so‘raydi, ammo ularga Yunusning alomatidan boshqa alomat berilmaydi. Yunus Naynavo aholisiga alomat bo‘lgani singari, Inson O‘g‘li ham hozirgi nasl uchun alomat bo‘ladi. Janub malikasi qiyomat kunida o‘rnidan turib, bu naslning odamlarini mahkum etadi. Chunki malika Sulaymonning dono ta’limotini tinglagani dunyoning u chetidan kelgan edi. Bu yerda esa Sulaymondan ham buyukroq bir Zot turibdi! Naynavo aholisi qiyomat kunida o‘rnidan turib, bu naslni mahkum etadi. Chunki Naynavoliklar Yunusning va’zidan keyin tavba qilganlar. Bu yerda esa Yunusdan ham buyukroq bir Zot turibdi! “Hech kim chiroqni yoqib, uni ko‘rinmas yerga qo‘ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug‘likni ko‘rsin, deb uni chiroqpoyaga qo‘yadi. Tananing chirog‘i — ko‘z. Agar ko‘zingiz pok bo‘lsa, butun taningiz yop–yorug‘ bo‘ladi. Agarda ko‘zingiz yomon bo‘lsa, butun tanangiz zimziyo zulmat bo‘ladi. Shuning uchun e’tibor bering: sizdagi nur zulmat bo‘lmasin. Agar tanangiz yop–yorug‘ bo‘lib, bironta qorong‘i joyi bo‘lmasa, chiroqning nuri sizni yoritib turganday, badaningiz tamomila yop–yorug‘ bo‘ladi.” Iso bularni gapirib turganda, bir farziy Uni mehmonga taklif qildi. Iso uning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi. Iso ovqatdan oldin qo‘llarini yuvmaganini farziy ko‘rib, ajablandi. Rabbimiz Iso unga dedi: “Ey farziylar, sizlar piyolayu idishning sirtini tozalaysizlar–u, ammo ichingiz ochko‘zlik va yovuzlikka to‘la! Hoy befahmlar! Narsaning sirtini yaratgan uning ichini ham yaratgan emasmi?! Yaxshisi, idishingiz ichidagini kambag‘allarga xayr–sadaqa qilib beringlar. Shunda hamma narsa siz uchun halol bo‘ladi. Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar yalpiz, za’faron va har xil oshko‘kdan ushr berasizlar–u, ammo adolat va Xudoning sevgisini pisand qilmaysizlar! Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo‘ymasligingiz kerak edi. Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar sinagogalarning to‘rida o‘tirishni va bozorlarda sizlarga salom berishlarini yaxshi ko‘rasizlar. Holingizga voy! Sizlar belgisi yo‘q qabrlarga o‘xshaysizlar. Odamlar bilmay turib o‘sha qabrlar ustidan bosib o‘tadilar.” Tafsirchilardan biri Isoga dedi: — Ustoz, bu so‘zlaringiz bilan bizni haqorat qildingiz! Iso esa dedi: — Ey tafsirchilar, sizlarning ham holingizga voy! Sizlar ko‘tarib bo‘lmaydigan og‘ir yukni odamlarga yuklaysizlar–u, ularga yordam bergani o‘zlaringiz hatto barmog‘ingizni ham qimirlatmaysizlar. Holingizga voy! Sizlar ota–bobolaringiz o‘ldirgan payg‘ambarlarga maqbaralar quryapsizlar. Shu tariqa ota–bobolaringizning qilmishlarini ma’qullaganingizni tasdiqlayapsizlar. Ular payg‘ambarlarni o‘ldirishgan bo‘lsa, sizlar payg‘ambarlarga maqbaralar quryapsizlar! Shuning uchun ham Xudo O‘z hikmatlarida shunday degan: “Men ularga payg‘ambarlar va havoriylar yuboraman. Ulardan ba’zilarini o‘ldiradilar, ba’zilarini esa quvg‘in qiladilar.” Dunyo yaratilgandan beri hamma payg‘ambarlarning to‘kilgan qoni uchun bu nasl jazolanadi. Ular Hobilning to‘kilgan qonidan tortib, qurbongoh bilan Ma’bad orasida o‘ldirilgan Zakariyoning qonigacha javob berishadi. Ha, sizlarga aytib qo‘yay, bu nasl shu hamma qotilliklar uchun javobgar bo‘ladi. Holingizga voy, ey tafsirchilar! Sizlar ilmu ma’rifat kalitini tortib oldingizlar. Ammo o‘zlaringiz kirmadingizlar, kirmoqchi bo‘lganlarning ham yo‘llarini to‘sdingizlar.” Iso u yerdan chiqishi bilanoq, tafsirchilar va farziylar Uni qattiq siquvga oldilar, ko‘p savollarga javob berishga majburladilar. Ular Isoni tilidan ilintirib olish uchun fursat poylardilar. Shu orada minglab odamlar to‘planib, bir–birlarini itarib siqishayotgan edilar. Iso avval shogirdlariga gapira boshladi: “ Farziylarning xamirturushidan, ya’ni ularning ikkiyuzlamachiligidan ehtiyot bo‘linglar! Axir, har qanday yashirin narsa ma’lum bo‘ladi, har qanday sir ochiladi. Shu bois qorong‘ida aytganlaringiz yorug‘likda eshitiladi, yopiq eshiklar ortida shivirlab aytganlaringizni uylarning tomi ustida baqirib e’lon qilishadi.” “Sizlarga shuni aytay, do‘stlarim, tanani o‘ldirib, undan keyin boshqa biron narsa qila olmaydiganlardan qo‘rqmanglar. Biroq kimdan qo‘rqishingiz kerakligini sizlarga uqtiray: Xudodan qo‘rqinglar, chunki U odamni o‘ldirib, do‘zaxga tashlashga ham qodir. Ha, sizlarga aytaman, Xudodan qo‘rqinglar! Beshta chumchuq ikki tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham Xudoning nazaridan chetda qolmagan. Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. Qo‘rqmanglar, sizlar ko‘plab chumchuqlardan qadrliroqsizlar. Sizlarga yana shuni aytay: kim Meni insonlar oldida tan olsa, Inson O‘g‘li ham Xudoning farishtalari oldida uni tan oladi. Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, u ham Xudoning farishtalari oldida rad etiladi. Kimki Inson O‘g‘liga qarshi so‘z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa, kechirilmaydi. Sizlarni sinagogalarga, boshliqlar va hokimlar oldiga olib kelganlarida: “O‘zimizni qanday himoya qilamiz, nima aytamiz”, deb xavotir olmanglar. Nima deb gapirishingizni o‘sha vaqtda sizga Muqaddas Ruh o‘rgatadi.” Olomon orasidan kimdir Isoga aytdi: — Ustoz, akamga ayting, otamiz bizga qoldirgan merosni men bilan bo‘lishsin. — Ey inson! Kim Meni sizlarga qozi yoki meros bo‘luvchi qilib qo‘yibdi? — dedi unga Iso. So‘ng xaloyiqqa dedi: — Ehtiyot bo‘linglar, o‘zingizni har qanday ochko‘zlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol–mulkining ko‘pligiga bog‘liq emas. Iso ularga shunday masal aytdi: —Bir boy odamning dalasi mo‘l hosil beribdi. Boy ko‘nglida: “Nima qilsam ekan, hosilimni saqlashga yetarli joyim yo‘q–ku”, deb o‘ylabdi. Nihoyat, u shunday debdi: “Endi bunday qilaman: omborlarimni buzib, kattaroqlarini quraman. Hamma don–dunlarimni, boyliklarimni o‘sha yerda saqlayman. Shunda o‘zimga o‘zim deyman: ko‘p yillarga yetadigan mol–mulk to‘pladim. Endi rohatlanaman, yeb–ichaman, kayfu safo qilaman.” Ammo Xudo unga shunday debdi: “Ey nodon! Shu tundayoq joning olinadi. Shunda yig‘ib–tergan mol–mulking kimga qoladi?” Ha, o‘zi uchun boylik yiqqan, ammo Xudoning nazarida boy bo‘lmagan odamning qismati shunday bo‘ladi.” Iso shogirdlariga shunday dedi: — Shuning uchun sizlarga aytaman: “Tirikchiligingizdan xavotir olib, nima yerkanmiz, ustimizga nima kiyarkanmiz, demanglar. Axir, hayot ovqatdan, tana esa kiyimdan muhimroq–ku! Qarg‘alarga qaranglar: ular na ekadi, na o‘radi, na omborlari, na qo‘ralari bor. Shunga qaramay, Xudo ularning rizqini beradi. Sizlar esa qushlardan ancha qadrlisizlar! Birontangiz tashvishlanib, umringizni bir lahzaga bo‘lsa ham uzaytira olarmidingiz?! Shunday arzimas ish qo‘lingizdan kelmas ekan, nega qolgan narsalar haqida tashvish tortasiz? Nilufar gullarning qanday o‘sishiga e’tibor qiling: ular mehnat qilmaydi, ip yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto shoh Sulaymon o‘zining shuhrat cho‘qqisida ham o‘sha gullarning biriday kiyinmagan. Bugun bor, ertaga esa o‘choqqa tashlanadigan dala o‘tini Xudo shunday bezagan bo‘lsa, nahotki sizlarni kiyintirmasa, ey imoni sustlar! Nima yeymiz, nima ichamiz, deb qayg‘urib bezovta bo‘lmanglar. Dunyo xalqlari hadeb bu narsalarning payida yuradilar. Lekin osmondagi Otangiz bularga muhtoj ekaningizni biladi–ku! Sizlar, yaxshisi, Xudoning Shohligi payida bo‘linglar va qolgan narsalar ham sizga beriladi. Ey kichik suruv, qo‘rqmanglar! Osmondagi Otangiz O‘z Shohligini sizlarga berishni ma’qul topdi. Mol–mulkingizni sotib, sadaqa beringlar. O‘zingizga eskirmaydigan hamyonlar, samolarda bitmas–tuganmas xazina tayyorlanglar. U yerga o‘g‘ri yaqinlasha olmaydi, xazinangizni kuya yeya olmaydi. Xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi.” “Har doim tayyor holda turinglar: belbog‘laringiz belingizda bog‘langan, chiroqlaringiz yonib turgan bo‘lsin! Sizlar xo‘jayinining to‘ydan qaytishini intizorlik bilan kutgan xizmatkorlarday bo‘linglar. Xo‘jayin kelib, eshikni taqillatishi bilanoq eshikni ochadigan bo‘linglar. Xo‘jayin kelganda hushyor turgan xizmatkorlar baxtlidir! Sizlarga chinini aytay: xo‘jayin belini bog‘lab, xizmatkorlarini dasturxonga o‘tqazadi va ularga o‘zi xizmat qiladi. Xo‘jayin yarim tunda keladimi yoki tongga yaqin keladimi, xizmatkorlarini hushyor holda ko‘rsa, o‘sha xizmatkorlar naqadar baxtlidir! Ammo shuni bilib qo‘yingki, agar uy egasi o‘g‘rining qachon kelishini bilganda edi, uyiga buzib kirishga o‘g‘riga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Shuningdek, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O‘g‘li sizlar kutmagan vaqtda keladi.” Shu payt Butrus so‘radi: — Hazrat, bu masalni faqat bizga aytyapsizmi yo hammagami? Rabbimiz Iso shunday javob berdi: — Ishonchli va aqlli uy boshqaruvchisi kim? Xo‘jayin bunday odamni o‘z xizmatkorlariga boshliq qilib qo‘yadi, ularga o‘z vaqtida ovqat tarqatishni unga topshiradi. Xo‘jayin uyga qaytganda o‘sha xizmatkorini yumush ustida ko‘rsa, xizmatkor naqadar baxtli! Sizlarga chinini aytay: xo‘jayin o‘sha xizmatkorini butun mulki ustidan boshqaruvchi qilib qo‘yadi. Ammo o‘sha xizmatkor o‘ziga: “Xo‘jayinim kechikib keladi”, deb boshqa xizmatkorlarni ura boshlasa, yeb–ichib, mast bo‘lsa, xizmatkor kutmagan kunda, o‘ylamagan soatda xo‘jayini kelib qoladi, xizmatkorini tilka–pora qiladi, boshiga sadoqatsizlarning kunini soladi. Xo‘jayinning xohishini bilgan, ammo hozirlik ko‘rmagan va uning xohishini bajarmagan xizmatkor ko‘p kaltak yeydi. Bilmay turib jazoga munosib ish qilgan xizmatkor esa ko‘p kaltaklanmaydi. Kimga ko‘p berilgan bo‘lsa, undan ko‘p so‘raladi. Kimga ko‘p ishonib topshirilgan bo‘lsa, undan ko‘proq talab qilinadi.” “Men yer yuziga olov keltirgani keldim. Qaniydi, bu olov hoziroq alanga olib ketsa! Men chuqur qayg‘u–alamlarga botaman. Bu amalga oshmaguncha qattiq iztirob chekaman! Meni yer yuziga tinchlik olib kelgan, deb o‘ylaysizlarmi? Yo‘q, deb aytaman, bo‘linish olib kelganman! Zero, bundan buyon bir uyda yashagan besh kishi bo‘linadi, uchtasi ikkitasiga va ikkitasi uchtasiga qarshi bo‘ladi. Ha, ular bo‘linadi: Ota o‘g‘liga qarshi chiqadi, O‘g‘il otasiga qarshi bo‘ladi, Ona qiziga qarshi chiqadi, Qiz onasiga qarshi bo‘ladi, Qaynana keliniga qarshi chiqadi, Kelin qaynanasiga qarshi bo‘ladi.” Iso olomonga shunday dedi: — G‘arbda bulut ko‘tarilib kelayotganini ko‘rganingizda, sizlar darrov: “Hozir yomg‘ir yog‘adi”, deb aytasizlar. Shunday bo‘ladi ham. Janubdan shamol esayotganini ko‘rganingizda, sizlar: “Jazirama issiq bo‘ladi”, deb aytasizlar. Shunday bo‘ladi ham. Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar yeru osmonning avzoyiga qarab, ob–xavoni aniqlay olasizlar–ku! Nima uchun hozirgi zamonni talqin qila olmaysizlar?! Nima to‘g‘riligini nega o‘zingiz qaror qila olmaysizlar? Shunday ekan, birontasi bilan da’volashib, u bilan birga mahkamaga ketayotaningizda, yo‘lda u bilan yarashishga harakat qiling. Agar shunday qilmasangiz, u sizni qozining oldiga sudrab boradi, qozi sizni zindonbonga topshiradi. Zindonbon esa sizni zindonga tashlaydi. Sizlarga shuni aytay: qarzingizni oxirgi tiyinigacha to‘lamaguningizcha, u yerdan chiqolmaysiz. O‘sha vaqtda ba’zi odamlar kelib, Isoga Rimlik hokim Pilat o‘ldirgan Jalilaliklar haqida xabar qilishdi. Jalilaliklar qurbonlik keltirayotgan paytda Pilat ularni o‘ldirib, qonlarini so‘yilgan qurbonliklar qoniga aralashtirib tashlagan edi. Iso xabarchilarga dedi: “Sizningcha, bu Jalilaliklar boshqa hamma Jalilaliklarga qaraganda ko‘proq gunoh qilganlari uchun shunchalik jafo chekdilarmi? Sizga yo‘q, deyman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammalaringiz ular kabi halok bo‘lasizlar. Yoki Siloam minorasi qulaganda nobud bo‘lgan o‘n sakkiz kishini olaylik. Sizlarning fikringizcha, o‘sha nobud bo‘lganlar Quddusda yashaydigan qolgan hamma odamdan ko‘ra ko‘proq gunoh qilgan edilarmi? Sizlarga yo‘q, deb aytaman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammangiz ular kabi halok bo‘lasizlar.” Shundan keyin Iso shu masalni aytib berdi: “Bir odamning uzumzoriga anjir daraxti ekilgan ekan. O‘sha odam kelib, anjir daraxtidan meva izlabdi, ammo topa olmabdi. U bog‘bonga debdi: — Menga qara, uch yildirki, men mana bu anjir daraxtidan meva izlayman, ammo shu paytgacha bironta meva topa olmadim. Uni kesib tashla! Bekorga yerni egallab turishining nima keragi bor?! Bog‘bon esa shunday javob beribdi: — Xo‘jayin, daraxtingiz bu yil ham tursin. Men uning atrofini chopib, go‘ng solay. Balki kelgusi yil meva berar. Agar bermasa, unda kesib tashlaymiz. Shabbat kuni Iso sinagogalarning birida ta’lim berayotgan edi. U yerda o‘n sakkiz yildan beri jinga chalingan bir ayol bor edi. U ikki bukilib qolgan bo‘lib, qaddini umuman rostlay olmasdi. Iso uni ko‘rgach, yoniga chaqirib dedi: — Ey ayol, sen dardingdan xalos bo‘lding! So‘ng ayolga qo‘llarini qo‘ydi, shu zahoti ayolning qaddi tiklandi–qoldi. Ayol Xudoga hamdu sanolar aytdi. Iso Shabbat kuni xastaga shifo bergani uchun sinagoga oqsoqoli achchiqlanib, olomonga shunday dedi: — Ishlash uchun olti kun bor. Shifo topmoqchi bo‘lsangiz, Shabbatdan boshqa kuni kelinglar. Rabbimiz Iso unga javoban dedi: — Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar o‘zlaringiz ham Shabbat kuni ho‘kizingiz yoki eshagingizni oxurdan yechib, sug‘organi olib borasizlar–ku! Bu esa Ibrohimning qizi, axir! Shayton o‘n sakkiz yildan beri uni bog‘lab qo‘ygan edi. Uni Shabbat kuni kishanlaridan ozod qilish nahotki mumkin bo‘lmasa?! Iso shu gaplarni aytganda, uning hamma raqiblari sharmanda bo‘ldilar. Jamiki olomon esa Iso qilgan ajoyib ishlardan xursand edi. Iso dedi: — Xudo Shohligi nimaga o‘xshaydi? Uni nimaga o‘xshatsam bo‘ladi? Xudoning Shohligi bir odam o‘z bog‘iga ekkan xantal urug‘iga o‘xshaydi. Urug‘ unib–o‘sib, daraxt bo‘ladi, qushlar uning shoxlariga uya quradi. Iso yana shunday dedi: — Xudoning Shohligini yana nimaga o‘xshatsam bo‘ladi? Xudoning Shohligi xamirturushga o‘xshaydi. Ayol bir bo‘lak xamirturushni uch tog‘ora unga qorsa ham, hamma xamir oshadi. Iso Quddusga yo‘l oldi va shaharu qishloqlarga borib, ta’lim berar edi. Bir odam Unga shunday savol berdi: — Hazrat, nahotki sanoqli odam najot topsa?! Iso shunday javob berdi: — Tor eshikdan kirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar. Sizlarga shuni aytay: ko‘p odam ichkari kirishga intiladi, ammo kira olmaydi. Uy egasi o‘rnidan turib eshikni yopganda, sizlar tashqarida qolib eshikni taqillatasizlar va: “Hazrat, bizga eshikni oching!” deb aytasizlar. U esa sizlarga: “Kimligingizni va qayerdan kelganingizni bilmayman!” deb javob beradi. Shunda sizlar: “Axir, biz Siz bilan birga yeb–ichganmiz! Ko‘chalarimizda ta’lim bergansiz!” deb aytasizlar. Ammo U sizlarga deydi: “Men sizlarni tanimayman! Qayerdanligingizni ham bilmayman! Yo‘qolinglar oldimdan, ey badkirdorlar!” Sizlarni tashqariga quvib chiqarishganda, qattiq pushaymon bo‘lasizlar, fig‘on chekasizlar, chunki Ibrohim, Is’hoq, Yoqub va barcha payg‘ambarlar Xudoning Shohligida ekanini ko‘rasizlar. Shundan keyin sharqu g‘arbdan, shimolu janubdan odamlar kelib, Xudoning Shohligida ziyofatga o‘tiradilar. Shunda oxirgi bo‘lgan ba’zi odamlar birinchi bo‘ladilar, birinchi bo‘lgan ba’zilar esa oxirgi bo‘ladilar.” Shu paytda farziylardan ayrimlari Isoning oldiga kelib deyishdi: — Bu yerdan ketishingiz kerak. Hirod Sizni o‘ldirmoqchi. Iso ularga shunday dedi: — Borib u tulkiga aytinglar: Eshitib ol, Men bugun ham, ertaga ham jinlarni quvib, xastalarga shifo beraman. Uchinchi kuni esa ishimni tugataman. Ammo shunday bo‘lsa ham, Men bugun, ertaga va indinga O‘z yo‘limdan qolmasligim kerak. Axir, payg‘ambar Quddusdan tashqarida o‘ldirilishi mumkin emas. Eh Quddus, Quddus! Payg‘ambarlarni qatl etib, huzuriga yuborilganlarni toshbo‘ron qiluvchi shahar! Tovuq o‘z jo‘jalarini qanotlari ostiga qanday to‘plasa, Men ham sening xalqingni bir necha marta shunday to‘plamoqchi bo‘ldim. Lekin sen istamading. Ey Quddus aholisi, sizning uy–joylaringiz huvullab qoladi. Sizga shuni aytay: “Egamiz nomi bilan keladigan inson baraka topsin”, — deb aytmaguningizcha, Meni ko‘rmaysizlar. Bir Shabbat kuni Iso farziylar rahnamolaridan birining uyiga mehmonga bordi. Uni diqqat bilan kuzatib o‘tirishardi. Isoning oldiga istisqo dardidan qo‘l–oyoqlari shishib ketgan bir odam kelib qoldi. Iso Tavrot tafsirchilaridan va farziylardan so‘radi: — Qonunimizga ko‘ra Shabbat kuni odamga shifo berish mumkinmi yoki yo‘qmi? Ular esa indamadilar. Iso xasta odamga qo‘l tekkizib, shifo berdi va uni jo‘natib yubordi. So‘ng ularga dedi: — Birortangizning farzandingiz yoki molingiz quduqqa tushib ketsa, Shabbat kuni bo‘lishiga qaramay, uni darhol chiqarib olmaysizlarmi?! Ular esa bu gapga biron javob topa olmadilar. Mehmonlar to‘rdan joy tanlashga intilayotgan edilar. Iso buni ko‘rib, shunday masal aytdi: “Sizni to‘y ziyofatiga taklif qilishganda, to‘rga chiqib olmang. Mehmonga chaqirilganlar orasida sizdan ham hurmatliroq boshqasi bo‘lishi mumkin. Ikkovingizni taklif qilgan mezbon kelib, sizga: “Joyingizni bu odamga bo‘shatib bering”, deb aytishi mumkin. Shunda siz xijolat tortib, poygakda o‘tirishga majbur bo‘lasiz. Shuning uchun, taklif etilganingizda, poygakda o‘tiring, toki mezbonning o‘zi kelib sizga: “Do‘stim, iltimos to‘rga chiqing”, — deb aytsin. Shunda boshqa mehmonlar ko‘zida sizning hurmatingiz oshadi. Zotan, o‘zini o‘zi yuksaltirgan kamsitiladi, o‘zini past tutgan esa yuksaltiriladi.” Iso O‘zini taklif qilgan xonadon sohibiga aytdi: “Tushki yo kechki ziyofat berganingizda, do‘stlaringizni yoki aka–ukalaringizni, qarindosh–urug‘laringizni yo bo‘lmasa, boy qo‘shnilaringizni taklif qilmang. Aks holda, ular ham sizni mehmonga chaqirib, qilgan yaxshiligingizni qaytaradilar. Aksincha, ziyofat berganingizda, kambag‘al–qashshoqlarni, cho‘loq, shollarni, ko‘rlarni taklif qiling. Shunda baxtli bo‘lasiz. Chunki ular qilgan yaxshiligingizni qaytara olmasalar–da, solihlar tirilgan zamonda buning savobini ko‘rasiz.” Dasturxon atrofida o‘tirgan mehmonlardan biri Isoning bu so‘zlarini eshitib, Unga dedi: — Xudoning Shohligida ziyofat yeydigan kishi baxtlidir! Iso o‘sha odamga shunday dedi: “Bir odam katta ziyofat tayyorlab, ko‘pchilikni taklif etibdi. Ziyofat vaqti bo‘lganda: — Kelinglar, dasturxon tayyor bo‘ldi, — deb mehmonlarni chaqirgani xizmatkorini yuboribdi. Ammo taklif qilinganlarning hammasi birday uzr so‘ray boshlabdilar. Birinchisi unga debdi: — Men yer sotib olgan edim, o‘sha yerni ko‘rgani borishim kerak. Iltimos, meni kechiring. Boshqasi esa: — Men besh juft ho‘kiz sotib oldim, ularni sinagani ketyapman. Iltimos, meni kechiring, — debdi. Yana boshqasi: — Men yangi uylandim, shuning uchun bora olmayman, — debdi. Xizmatkor qaytib kelib, xo‘jayiniga axborot beribdi. Shunda uy sohibi g‘azablanib, xizmatkoriga buyuribdi: — Hoziroq shahar ko‘chalarini, yo‘laklarini aylanib chiq. Qashshoq, cho‘loq, ko‘r va shollarni bu yerga olib kel. Biroz vaqtdan keyin xizmatkor shunday deb keldi: — Xo‘jayin, buyurganlaringizni bajardim, lekin yana bo‘sh joy qoldi. Shunda xo‘jayin xizmatkoriga aytibdi: — Yo‘llarga, yo‘laklarga bor, odamlarni ko‘ndirib olib kel, toki uyim to‘lsin. Sizlarga aytay, taklif qilinganlarning birortasi ham ziyofatimdan totib ko‘rmaydi.” Katta bir olomon Isoga ergashib ketayotgan edi. Iso ularga qarab dedi: “Menga ergashgan odam Meni ota –onasidan, aka–uka va opa–singillaridan, hatto o‘z jonidan ortiq yaxshi ko‘rishi kerak, aks holda u Mening shogirdim bo‘lolmaydi. O‘z xochini ko‘tarib, ortimdan yurmagan odam ham Mening shogirdim bo‘lolmaydi. Sizlardan birortangiz minora qurmoqchi bo‘lsangiz, uni bitirish uchun mablag‘ yetarlimi, deb oldindan xarajatini hisoblab chiqmaysizmi? Aks holda, siz poydevor yotqizasizu minorani bitkaza olmaysiz. Buni ko‘rganlarning hammasi ustingizdan kulib, shunday deb aytishadi: “Bu odam qurilishni boshladi, ammo bitira olmadi.” Yoki qaysi shoh boshqa bir shohga qarshi urushga chiqishdan avval o‘tirib: “Dushman yigirma ming askari bilan menga qarshi kelyapti, men o‘n ming askarim bilan unga bas kela olamanmi?” deb o‘ylamaydimi?! Kuchi yetmasa, dushman hali uzoqdaligida uning oldiga elchi yuborib, sulh tuzaylik, deb iltimos qiladi. Xuddi shu singari, bor mol–mulkingizdan kechmasangiz, birontangiz ham Mening shogirdim bo‘la olmaysiz. Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz o‘z ta’mini yo‘qotsa, uni yana qanday sho‘r qilib bo‘ladi? Bunday tuz yerga ham, go‘ngga ham yaramaydi, uni tashlab yuboradilar. Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!” Hamma soliqchilar va gunohkorlar Isoning ta’limotini tinglash uchun kelar edilar. Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari: “Ana, U gunohkorlarni qabul kilib, ular bilan yeb–ichyapti”, deb ming‘irlab norozi bo‘ldilar. Iso esa ularga quyidagi masalni aytib berdi: “Sizlarning orangizda kimningdir yuzta qo‘yi bo‘lsa–yu, bittasi yo‘qolib qolsa, to‘qson to‘qqiztasini yaylovda qoldirib, yo‘qolgan qo‘yni topmaguncha qidirmaydimi? O‘sha qo‘yini topganda, xursand bo‘lib yelkasiga ko‘tarib oladi. U uyiga kelib, do‘stlarini, qo‘shnilarini chaqiradi va ularga: “Men yo‘qolgan qo‘yimni topdim! Xursandchiligimga sherik bo‘linglar”, — deb aytadi. Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavbaga hojat sezmagan to‘qson to‘qqizta solih odamdan ko‘ra, tavba qilgan bitta gunohkor uchun osmonda ko‘proq shodlik bo‘ladi.” “Yoki qaysi bir ayolning o‘nta kumush tangasi bo‘lsa–da, bittasini yo‘qotib qo‘ysa, u chiroq yoqib tangani topmagunicha uyini supurib–sidirib sinchiklab qidirmaydimi?! Tangani topgach, dugonalarini va qo‘shnilarini chaqirib: “Men yo‘qolgan tangamni topdim! Xursandchiligimga sherik bo‘linglar”, — deydi. Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavba qilgan bitta gunohkor uchun Xudoning farishtalari huzurida shodlik bo‘ladi.” Iso yana dedi: “Bir odamning ikki o‘g‘li bor ekan. Ularning kichigi otasiga: — Ota, mol–mulkingizdan menga tegishli qismini bering, — debdi. Otasi mol–mulkini ikki o‘g‘liga bo‘lib beribdi. Oradan ko‘p o‘tmay, kichik o‘g‘il bor narsasini yig‘ishtirib, uzoq bir mamlakatga ketibdi. U yerda shaloq yashab, mol–dunyosini ko‘kka sovuribdi. Borini isrof qilganidan keyin, o‘sha mamlakatda og‘ir qahatchilik boshlanibdi. Yigit ham muhtojlikda qolibdi. U borib, o‘sha mamlakat fuqarolaridan biriga yollanibdi. U esa yigitni o‘z dalasidagi cho‘chqalarni boqishga yuboribdi. Yigit cho‘chqalar yeydigan qo‘zoqlar bilan qornini to‘ydirishga ham zor bo‘libdi, lekin unga shuni ham ravo ko‘rishmas ekan. Nihoyat yigit aqlini yig‘ib olib, o‘ziga o‘zi debdi: “Otamning qanchadan–qancha yollanma ishchilarining noni oshib–toshib yotibdi, men esa bu yerda ochlikdan o‘lyapman. Endi otamning oldiga borib, unga shunday deb aytaman: Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning o‘g‘lingiz, deb atalishga loyiq emasman. Meni yollanma ishchilaringiz qatoriga qabul qiling.” Yigit otasi oldiga ravona bo‘libdi. Yigit hali uzoqda kelar ekan, otasi uni ko‘rib, o‘g‘liga rahmi kelibdi. U yugurib borib, o‘g‘lini kuchoqlab, o‘pibdi. Keyin o‘g‘li otasiga aytibdi: — Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning o‘g‘lingiz, deb atalishga loyiq emasman. Otasi esa xizmatkorlariga buyuribdi: — Tez bo‘linglar, eng nafis to‘n keltirib yelkasiga yopinglar, qo‘liga uzuk taqinglar, oyoqlariga choriq kiygizinglar. Bo‘rdoqi buzoqni olib chiqib, so‘yinglar. Yeb–ichaylik, xursandchilik qilaylik. Chunki bu o‘g‘lim men uchun o‘lgan edi, endi tirildi, yo‘qolgan edi, endi topildi. Shunday qilib, xursandchilik qila boshlabdilar. Katta o‘g‘il shu paytda dalada ekan. Qaytayotib uyga yaqinlashganda, qulog‘iga musiqa va o‘yin–kulgi sadolari eshitilibdi. Xizmatkorlardan birini chaqirib: — Nima gap? — deb so‘rabdi. — Ukangiz qaytib keldilar. Otangiz uni sog‘–salomat ko‘rgani uchun bo‘rdoqi buzoqni so‘ydilar, — deb javob beribdi xizmatkor. Shunda katta o‘g‘ilning jahli chiqibdi, ichkariga kirishdan bosh tortibdi. Otasi esa tashqariga chiqib, o‘g‘liga o‘tinib gapiribdi. Ammo u otasiga shunday javob beribdi: — Menga qarang! Shuncha yildan beri sizga qulday ishlab kelaman. Birorta gapingizni yerda qoldirmadim. Lekin do‘stlarim bilan xursandchilik qilishim uchun siz menga bitta uloqcha ham bermadingiz. Ammo mol–mulkingizni fohishalar bilan yeb, yo‘q qilgan anavi o‘g‘lingiz qaytib kelganda, siz bo‘rdoqi buzoqni so‘ydirdingiz! Otasi unga shunday javob beribdi: — O‘g‘lim! Sen doimo men bilan birgasan. Mening bor narsam seniki. Bugun esa bayram qilib, xursand bo‘lishimiz kerak. Axir, bu ukang biz uchun o‘lgan edi, endi tirildi, yo‘qolgan edi, endi topildi.” Iso shogirdlariga shunday dedi: “Bir boy odamning ish boshqaruvchisi bor ekan. Boyga: “Ish boshqaruvchingiz mol–mulkingizni sovurib yuribdi” degan xabar yetib keldi. Boy odam ish boshqaruvchisini chaqirib, unga shunday debdi: “Sen haqingda ba’zi gaplarni eshitdim. Bu nimasi?! Menga boshqaruving to‘g‘risida hisobot ber, endi ishlarimni sen boshqarmaysan.” Shunda ish boshqaruvchi o‘ziga o‘zi debdi: “Xo‘jayinim meni ishdan bo‘shatyapti. Endi nima qilaman? Yer chopishga kuchim yetmaydi, sadaqa so‘rashga uyalaman. Eha, topdim! Bir ish qilaman, shunda bo‘shatilganimdan keyin odamlar uylarining eshiklarini men uchun ochib berishadi”, — debdi–da, xo‘jayinning qarzdorlarini bittama–bitta chaqiribdi. Birinchisidan so‘rabdi: — Xo‘jayinimdan qancha qarzing bor? — Yuz ko‘za zaytun moyi, — deb javob beribdi u. — Tilxatingni ol, tezda o‘tirib ellik ko‘za deb yoz! — debdi unga ish boshqaruvchi. Keyin boshqasidan ham so‘rabdi: — Sening qancha qarzing bor? — Yuz qop bug‘doy, — deb javob beribdi u. Unga ham: — Tilxatingni ol, sakson qop deb yoz! — debdi ish boshqaruvchi. Ha, ayyor ish boshqaruvchi ishini boplab bajardi! Chindan ham bu dunyoning odamlari zamondoshlari orasida nur ahliga karaganda o‘z ishiga ancha pishiqdirlar. Men sizlarga aytaman, bu dunyoning boyligidan foydalanib do‘st orttiringlar, toki bu boylik tugagach, Xudo sizni abadiy maskaniga qabul qilsin. Kichik ishda sadoqatli bo‘lgan odam katta ishda ham sadoqatli bo‘ladi. Kichik ishda sadoqatsiz bo‘lgan esa katta ishda ham sadoqatsiz bo‘ladi. Agar sizga bu dunyoning boyligini ishonib topshirib bo‘lmasa, kim sizga haqiqiy boylikni ishonib topshiradi?! Agar sizga boshqalarning narsasini ishonib topshirib bo‘lmasa, o‘zingizga atalgan narsani sizga kim beradi?! Hech qanday xizmatkor ikki xo‘jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko‘rib, boshqasini yaxshi ko‘radi, yoki biriga bag‘ishlanib, boshqasini mensimaydi. Sizlar ham Xudoga, ham boylikka birdek xizmat qila olmaysizlar.” Pulparast farziylar bularni eshitib, Isoni mazax qildilar. Iso ularga dedi: “Siz odamlar oldida o‘zingizni taqvodor qilib ko‘rsatasizlar, lekin Xudo yuragingizni biladi. Odamzod ko‘kka ko‘targan narsalar Xudoning nazarida jirkanchdir. Yahyo va undan oldin kelganlar Tavrot va payg‘ambarlar bitiklarini e’lon qilganlar. Endi esa Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabar e’lon qilinmoqda va har bir odam bu Shohlikka kirishga undalmoqda. Biroq Tavrotdan bir nuqtaning yo‘qolishidan ko‘ra, yeru osmonning yo‘qolishi osonroqdir. Kim o‘z xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, zino qilgan bo‘ladi. Shuningdek, eri bilan ajrashgan xotinga uylangan kishi ham zino qilgan bo‘ladi.” “Bir boy odam bor ekan. U qimmatbaho liboslar kiyib yurar, har kuni dabdabali hayot kechirar ekan. Boyning darvozasi oldida butun badaniga yara toshgan Lazar ismli bir qashshoq gadoy yotar ekan. U boy dasturxonidan to‘kilgan ushoqlar bilan qorin to‘ydirishni orzu qilar ekan. Itlar kelib uning yaralarini yalab ketar ekan. Bir kuni gadoy o‘lib qolibdi, farishtalar uni Ibrohimning yoniga olib ketibdilar. Keyin boy ham o‘lib, dafn qilinibdi. Jahannamda azob chekayotgan boy boshini ko‘tarib, uzoqda Ibrohimni va uning yonidagi Lazarni ko‘ribdi. So‘ng shunday deb faryod qilibdi: — Ey Ibrohim ota! Menga rahm qilib Lazarni yuboring. U barmog‘ining uchini suvga botirib, tilimga tomizsin. Bu alanga ichida azob chekyapman! Ibrohim unga shunday javob beribdi: — Unutma, o‘g‘lim, sen hayotligingda hamma yaxshi narsalaringni olib bo‘lding, Lazar esa faqat yomonlik ko‘rdi. Endi u bu yerda tasalli topyapti, sen bo‘lsang, azob chekyapsan. Bundan tashqari, sen bilan bizning oramizda tubsiz jarlik bor. Bu yerdan siz tomonga o‘tmoqchi bo‘lganlar o‘ta olmaydilar va u yerdan biz tomonga ham o‘tmaydilar. Shunda boy aytibdi: — Unday bo‘lsa, ey ota, sizdan o‘tinib so‘rayman, Lazarni otamning uyiga yuboring. Mening beshta ukam bor. Ular ham bu azobli joyga kelmasliklari uchun ularni ogohlantirib qo‘ysin. Ibrohim javob beribdi: — Ularda Musoning va payg‘ambarlarning bitiklari bor–ku, o‘shalarga quloq solishsin. Boy esa: — Yo‘q, Ibrohim ota, ular quloq solmaydilar. Ammo o‘liklardan biri ularning oldiga borsa, o‘shanda tavba qiladilar, — debdi. Ibrohim shunday debdi: — Agar Muso va boshqa payg‘ambarlarning so‘zlariga quloq solmagan bo‘lsalar, o‘liklardan biri tirilib borsa ham ishonmaydilar. Iso O‘z shogirdlariga yana dedi: “Gunohga yetaklaydigan vasvasalar doimo keladi. Ammo vasvasaga sababchi bo‘lgan odamning holiga voy! Bu kichiklarning birontasini gunohga boshlaganingizdan ko‘ra, bo‘yningizga tegirmon toshini osib, sizni dengizga tashlashgani o‘zingiz uchun yaxshiroqdir. Ehtiyot bo‘linglar! Agar birodaringiz gunoh qilsa, unga tanbeh bering. Agar tavba qilsa, uni kechiring. Agar o‘sha odam bir kunning o‘zida sizga qarshi yetti marta gunoh qilsa–yu, yetti marta qaytib kelib, sizga: “ Tavba qildim”, — desa, uni kechirib yuboring.” Havoriylar Rabbimiz Isoga: — Imonimizga imon qo‘shing, — dedilar. Rabbimiz shunday javob berdi: — Agar zig‘irday imoningiz bo‘lib, shu tut daraxtiga: “Ildizing bilan qo‘porilib chiq va dengizga ko‘chib ildiz ot”, — desangiz, daraxt sizga bo‘ysunadi. Xizmatkoringiz qo‘sh haydab yoki poda boqib daladan endigina qaytib kelganda, qay biringiz unga: “Kel darrov, dasturxonga o‘tir”, deb aytasiz? Buning o‘rniga o‘sha xizmatkoringizga: “Kechki ovqatimni tayyorla, yeb–ichib bo‘lgunimcha, belingni bog‘lab, menga xizmat qil, keyin o‘zing yeb–ichasan”, deb aytmaysizmi?! Xizmatkor o‘z vazifasini bajargani uchun unga tashakkurlar bildirmaysiz–ku! Shu singari sizlar ham o‘zingizga buyurilgan hamma ishni bajarganingizdan so‘ng: “Biz bor–yo‘g‘i xizmatkormiz, vazifamizni bajardik, xolos”, — deb aytinglar. Iso Samariya bilan Jalilani kesib o‘tib, Quddus tomon yo‘l oldi. U bir qishloqqa kirayotganda, teri kasalligiga chalingan o‘n kishi Uni qarshilab oldi. Ular uzoqdan turib, faryod qildilar: — Ey Iso! Ustoz! Bizga rahm qiling! Iso ularni ko‘rib: — Boringlar, o‘zlaringni ruhoniylarga ko‘rsatinglar, — dedi. Ular yo‘lda ketayotganlarida, teri kasalligidan poklanib qoldilar. Ulardan biri o‘zining shifo topganini ko‘rib, baland ovozda Xudoni ulug‘lab orqaga qaytdi. O‘zini Isoning oyoqlari ostiga tashlab, Unga minnatdorchilik bildirdi. O‘sha odam Samariyalik edi. Iso shogirdlariga dedi: — Teri kasalligidan poklangan o‘n kishi emasmidi?! Qolgan to‘qqiztasi qani? Xudoni ulug‘lash uchun shu bir begona kishidan boshqa hech kim qaytib kelmadimi? So‘ng Iso teri kasalligidan poklangan odamga dedi: — O‘rningdan turgin–da, boraver. Senga ishonching shifo berdi. Ba’zi farziylar Isodan: “ Xudoning Shohligi qachon keladi?” deb so‘radilar. Iso ularga shunday javob berdi: — Xudoning Shohligi ko‘zga ko‘rinadigan shaklda kelmaydi. Hech kim: “Qara, Xudoning Shohligi bu yerda”, yoki “Ana u yerda”, — deb aytmaydi. Chunki Xudoning Shohligi sizlarning orangizdadir. Keyin Iso shogirdlariga dedi: — Shunday vaqtlar keladiki, sizlar Inson O‘g‘lining kunlaridan bittasini ko‘rishni orzu qilasizlar, ammo o‘sha kunni ko‘rolmaysizlar. Odamlar sizlarga: “Ana, Iso anavi yerda” yoki “Mana, Iso bu yerda”, deb aytadilar. Ammo sizlar ular aytgan yerga bormanglar, ularning ortidan ergashmanglar. Chunki Inson O‘g‘li qaytib kelganda, Uni hamma ko‘radi. U osmonni bir chetidan boshqa chetigacha yoritib yuborgan chaqmoqday bo‘ladi. Lekin undan avval Inson O‘g‘li ko‘p azob chekishi va bu nasl tomonidan rad qilinishi kerak. Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘lining qaytib keladigan davrda ham xuddi shunday bo‘ladi. Nuh kemaga kirgan kungacha insonlar yeb–ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar. To‘fon kelganda esa ularning hammasi nobud bo‘ldi. Lut zamonida ham xuddi shunday bo‘lgan edi: odamlar yeb–ichardilar, savdo–sotiq qilardilar, ekin ekardilar, uy qurardilar. Lekin Lut Sado‘m shahridan chiqqan kuniyoq osmondan olov va oltingugurt yog‘ib, hammani nobud qildi. Inson O‘g‘li zohir bo‘lgan kunda ham xuddi shunday bo‘ladi. U kunda tomning ustida bo‘lgan kishi uydagi narsalarni olish uchun pastga tushmasin. Dalada bo‘lgan odam ham qaytib kelmasin. Lutning xotiniga nima bo‘lganini yodingizda tutinglar. Jonini saqlamoqchi bo‘lgan uni yo‘qotadi. Jonini yo‘qotgan esa uni asrab qoladi. Sizga shuni aytay: o‘sha kecha bir to‘shakda ikki kishi yotgan bo‘lsa, biri olinadi, biri qoldiriladi. [35-36] Ikki ayol birga tegirmon tortayotgan bo‘lsa, biri olinadi, biri qoldiriladi. *** Shogirdlar Isodan so‘radi: — Hazrat, bu voqealar qayerda yuz beradi? — Kalxatlar to‘plangan joyda murda bo‘lishini hamma biladi, — deb javob berdi Iso. — Bu voqealar qayerda yuz berishi ham sizlarga shu singari ayon bo‘ladi. Shogirdlar doimo va bezmasdan ibodat qilsin deb, Iso ularga shunday bir masal aytib berdi: — Bir shaharda Xudodan ham qo‘rqmaydigan, odamdan ham uyalmaydigan bir qozi bor ekan. O‘sha shaharda bir beva ayol ham yashar ekan. U qozining oldiga tez–tez borib turib: — Meni raqibimdan himoya qiling, — deb o‘tinarkan. Qozi ancha vaqtgacha unga yordam berishdan bosh tortib yurar ekan. Oxiri u o‘zi–o‘ziga shunday debdi: — Men Xudodan qo‘rqmayman, odamlardan ham uyalmayman. Ammo bu beva xotin meni holu jonimga qo‘ymagani uchun, uni himoya qila qolay. Bo‘lmasa, u kelaverib meni bezor qiladi. Rabbimiz Iso gapida davom etib dedi: — Adolatsiz qozining gapini eshitdingizmi? Shunday ekan, nahotki Xudo tunu kun iltijo qilayotgan O‘z tanlaganlarini himoya qilmasa?! Yo‘q, Xudo ularni kuttirib qo‘ymaydi! Sizlarga aytaman, ularni zudlik bilan himoya qiladi! Ammo Inson O‘g‘li kelganda, yer yuzida imoni bor odamlarni toparmikin?” O‘zlarining solihligiga ishonib, boshqalarni mensimaydigan ba’zi odamlarga Iso quyidagi masalni aytib berdi: “Ikki odam ibodat qilgani Ma’badga kirishibdi. Ularning biri farziy, ikkinchisi soliqchi ekan. Farziy o‘rnidan turib, shunday ibodat qilibdi: — Xudoyim, O‘zingga shukr! Chunki men boshqalarga o‘xshab o‘g‘ri, jinoyatchi, zinokor yoki manavi soliqchiday emasman. Men haftada ikki marta ro‘za tutaman. Topganimning o‘ndan birini ushr qilib beraman. Soliqchi bo‘lsa uzoqda turib, hatto osmonga ham qarashga botinolmay, ko‘kragiga urganicha: — Yo Xudo, men gunohkorga rahm qil! — deb iltijo qilardi. Sizga aytaman: farziy emas, mana shu odam oqlanib uyiga qaytdi. Zotan o‘zini o‘zi yuksaltirgan odam kamsitiladi, o‘zini past olgan odam esa yuksaltiriladi.” Iso bolalarimizga qo‘l tekkizsin, deb odamlar Uning oldiga hatto go‘daklarni ham olib kelishardi. Shogirdlar buni ko‘rib, odamlarni koyidilar. Iso esa bolalarni yoniga chaqirib, dedi: “Bolalarga yo‘l beringlar, Mening oldimga kelishiga to‘sqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi shundaylarnikidir. Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.” Yahudiy boshliqlardan biri Isodan so‘radi: — Valine’mat Ustozim! Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun nima qilishim kerak? Iso unga dedi: — Nega Meni valine’mat deysiz? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine’mat emas. Siz amrlarni bilasiz: “Zino qilmang. Qotillik qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Yolg‘on guvohlik bermang. Ota –onangizni hurmat qiling.” — Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman, — dedi boyagi boshliq. Buni eshitib, Iso dedi: — Sizga birgina narsa yetishmaydi: bor narsangizni soting, pulini kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. Keyin kelib, Menga ergashing. Boshliq buni eshitib, qattiq xafa bo‘ldi, chunki u juda boy edi. Iso uning xafa bo‘lganini ko‘rib dedi: — Mol–dunyosi bor odamlarning Xudo Shohligiga kirishi naqadar qiyin! Boyning Xudo Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroqdir. Buni eshitganlar esa: — Unday bo‘lsa, kim najot topa olar ekan? — deb so‘rashdi. Iso shunday javob berdi: — Odamlar uchun imkonsiz bo‘lgan narsaning Xudo uchun imkoni bor. Shunda Butrus dedi: — Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik. Iso shogirdlariga dedi: — Sizlarga chinini aytayin, Xudoning Shohligi uchun uy–joyini, yoki xotinini yo aka–ukalarini yoki ota–onasini yo bola–chaqasini qoldirgan odam bu dunyoning o‘zidayoq bir necha barobar ortig‘i bilan oladi, narigi dunyoda esa abadiy hayotga ega bo‘ladi. Keyin Iso o‘n ikki shogirdini chetga olib, ularga dedi: — Mana, biz Quddusga ketyapmiz. Payg‘ambarlarning Inson O‘g‘li to‘g‘risida yozgan hamma bashoratlari bajo bo‘ladi. Uni g‘ayriyahudiylarga tutib beradilar. Uni masxaralab haqorat qiladilar. Unga tupuradilar. G‘ayriyahudiylar Uni qamchilaydilar, keyin o‘ldiradilar. Ammo uchinchi kuni U tiriladi.” Shogirdlar esa bu so‘zlardan hech narsa tushunmadilar. Bu so‘zlarning ma’nosi ularga qorong‘i edi, Isoning aytganlarini ular anglamadilar. Iso Yerixo shahriga kirib kelayotganda, bir ko‘r odam yo‘l chekkasida sadaqa so‘rab o‘tirar edi. Oldidan katta bir olomon o‘tib ketayotganini eshitgan o‘sha ko‘r: — Nima gap? — deb so‘radi. — Nosiralik Iso o‘tib ketyapti, — deb javob berishdi unga. Shunda ko‘r: — Ey Dovud O‘g‘li Iso, menga rahm qil! — deb baqirdi. Oldinda ketayotganlar esa: — Jim bo‘l! — deb ko‘rni koyishdi. U esa yanada qattiqroq baqirdi: — Ey Dovud O‘g‘li! Menga rahm qil! Shunda Iso to‘xtab, ko‘rni yoniga olib kelishlarini buyurdi. Ko‘r kelgach, Iso undan so‘radi: — Mendan nima istaysan? Sen uchun nima qilay? — Hazrat, ko‘zlarim ko‘rsin! — dedi u. Iso unga: — Ko‘zlaring ko‘rsin, ishonching senga shifo berdi, — dedi. O‘sha zahoti u ko‘ra boshladi. So‘ng Xudoni ulug‘lagancha Isoga ergashdi. Buni ko‘rgan butun xalq Xudoga hamdu sanolar aytdi. Iso Yerixo shahriga kirib, shahar bo‘ylab o‘tayotgan edi. Bu shaharda Zakkay degan bir odam bor edi. U soliqchilar boshlig‘i bo‘lib, boy edi. Zakkay: “Iso kim ekan?” deb Uni ko‘rishga urinardi, ammo odam ko‘pligidan ko‘ra olmasdi, chunki uning bo‘yi past edi. U oldinga yugurib, Isoni ko‘rish uchun shikamora anjir daraxti ustiga chiqib oldi. Iso o‘sha yerdan o‘tishi kerak edi. Iso u yerga kelganda, yuqoriga qarab, Zakkayga dedi: — Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingda mehmon bo‘lishim kerak. Zakkay darrov pastga tushdi, Isoni quvonch bilan uyiga taklif qildi. Buni ko‘rganlarning hammasi: “Iso bir gunohkor odamning uyiga mehmonga bordi”, deb norozilik bildirishdi. Zakkay esa o‘rnidan turib, Rabbimiz Isoga dedi: — Hazrat, men mol–mulkimning yarmini kambag‘allarga beraman. Biron kimsaning narsasini nohaq olgan bo‘lsam, to‘rt barobar qilib qaytaraman. Iso unga shunday javob berdi: — Bugun bu xonadonga najot keldi, chunki bu odam ham Ibrohimning o‘g‘lidir. Inson O‘g‘li yo‘qolganni izlab topish va uni qutqarish uchun kelgan. Olomon Isoning bu so‘zlarini tinglar ekan, Iso gapini bir masal bilan davom ettirdi. Chunki Iso Quddusga yaqinlashib qolgan edi, odamlar ham, Xudoning Shohligi hozir zohir bo‘lishi kerak, deb o‘ylardilar. Iso shunday dedi: “Bir zodagon odam uzoq mamlakatga ketmoqchi bo‘libdi. U yerda shohlik taxtini egallab, qaytib kelmoqchi edi. Ketishdan oldin u xizmatkorlaridan o‘ntasini chaqiribdi–da, har biriga bittadan tilla berib, shunday debdi: “Men qaytib kelgunimcha, bu pullarni ishga solinglar.” Holbuki, bu zodagonning hamyurtlari uni yomon ko‘rishar ekan. Uning orqasidan: “Bu odam bizga shoh bo‘lmasin, istamaymiz”, deb aytish uchun elchilar yuborishibdi. Ammo zodagon shohlik taxtini egallab, qaytib kelibdi. So‘ng o‘zi pul bergan xizmatkorlarini chaqirtirib, kim qancha foyda olganini bilmoqchi bo‘libdi. Birinchisi kelib: — Xo‘jayin, sizning tillangiz o‘n tilla foyda olib keldi, — debdi. Xo‘jayin unga: — Barakalla! Sen yaxshi xizmatkorsan! Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun o‘nta shahar ustidan hokim bo‘lasan, — debdi. Ikkinchisi kelib: — Xo‘jayin, sizning tillangiz besh tilla foyda keltirdi, — debdi. Unga ham: — Sen ham beshta shaharga hokimlik qilasan, — debdi. So‘ng uchinchi xizmatkori kelib: — Xo‘jayin! Mana sizning tillangiz, men uni ro‘molchaga tugib saqladim. Men sizdan qo‘rqdim, siz qattiqqo‘l odamsiz. Siz bermasdan olasiz, ekmasdan o‘rasiz, — debdi. Xo‘jayin esa unga dedi: — Ey yomon xizmatkor! Men seni o‘z so‘zlaring bo‘yicha hukm qilaman! Mening qattiqqo‘lligimni hamda bermasdan olishimni, ekmasdan o‘rishimni bilar ekansan, nega pulimni muomalaga kiritmading? Men qaytib kelganimdan keyin, pulimni foydasi bilan olgan bo‘lardim. So‘ng yonida turganlarga dedi: — Uning qo‘lidan tillani olib, o‘n tillasi borga beringlar. — Xo‘jayin, uning o‘n tillasi bor–ku! — deyishibdi ular. — Sizlarga shuni aytay: kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, hatto bori ham tortib olinadi. Endi mening shoh bo‘lishimni istamagan dushmanlarimga kelsak, ularni shu yerga olib kelib, ko‘z oldimda qatl qilinglar.” Iso shu gaplarni aytgandan keyin, yo‘lida davom etib, Quddusga ketdi. Zaytun tog‘i etagidagi Baytfagiya bilan Baytaniya qishloqlariga yaqinlashgach, U shogirdlaridan ikkitasiga dedi: — Anavi qishloqqa boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, hali minilmagan, bog‘langan xo‘tikni ko‘rasizlar. Xo‘tikni yechib, bu yerga olib kelinglar. Agar kimdir sizlardan: “Xo‘tikni nega yechyapsizlar?” — deb so‘rab qolsa, “Bu xo‘tik Rabbimiz Masihga kerak”, deb aytinglar. Shogirdlar borib, xuddi Isoning aytganini topdilar. Xo‘tikni yechayotganlarida uning egalari: — Nega xo‘tikni yechyapsizlar? — deb so‘rashdi. Shogirdlar: — U Rabbimiz Masihga kerak, — dedilar. Xo‘tikni Isoning oldiga keltirishdi–da, ustiga to‘nlarini tashlab, Isoni mindirishdi. Iso xo‘tikni minib ketayotganda, odamlar to‘nlarini yo‘lga poyandoz qildilar. Iso Zaytun tog‘idan tushadigan joyga yetib kelganda, ko‘pdan–ko‘p shogirdlar ko‘rgan barcha mo‘jizalarni eslab shodlandilar va baland ovozda Xudoga hamdu sanolar aytdilar: “Egamiz nomidan keladigan Shoh baraka topsin! Osmonda tinchlik, falak toqida shon–sharaflar bo‘lsin!” Shunda olomon orasidan ba’zi farziylar Isoga: — Ustoz, shogirdlaringizni jim qiling! — deyishdi. Iso esa ularga dedi: — Sizlarga shuni aytay: agar bular jim bo‘lsa, toshlar chinqiradi! Iso Quddusga kiray deganda, shaharni ko‘rib, yig‘lab yubordi: — Tinchlik uchun nimalar zarurligini bugun sen bilsayding! Ammo bular senga qorong‘i. Boshingga shunday kunlar keladi: dushmanlaring atrofingga tuproq uyadilar, seni o‘rab oladilar, har tomondan siquvga oladilar. Bag‘ringdagi farzandlaringni qirib tashlaydilar. Seni shu qadar vayron qiladilarki, shahringda hatto tosh ustida turgan tosh qolmaydi. Chunki Xudo seni qutqargani kelgandi, ammo sen bu imkoniyatni qo‘ldan boy berding. Iso Ma’badga kirib, ichkarida savdo–sotiq qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Ularga shunday dedi: — “Mening uyim Ibodat Uyi bo‘ladi, deb Tavrotda yozilgan–ku! Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar! Iso har kuni Ma’badda ta’lim berardi. Bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va xalq oqsoqollari esa Uni halok qilish payiga tushdilar. Lekin buning chorasini topmadilar, chunki butun xalq Isoning so‘zlarini jonu dili bilan tinglar edi. Bir kuni Iso Ma’badda xalqqa ta’lim berib, Xushxabar aytayotgan edi. Shu payt bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va oqsoqollar kelib qoldilar. Ular Isodan so‘radilar: — Bizlarga ayting–chi, Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bu hokimiyatni Sizga kim bergan? Iso ularga shunday javob berdi: — Men ham sizlarga bir savol berayin, Menga aytinglar: Yahyo xalqni suvga cho‘mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Ular esa o‘zaro mulohaza yuritdilar: “Agar Xudodan desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi. Agar insondan desak, butun xalq bizni toshbo‘ron qiladi, chunki xalq Yahyoning payg‘ambarligiga qat’iy ishonadi.” Shunday qilib, ular: — Qayerdanligini bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman. Iso xalqqa quyidagi masalni aytdi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Uzumzorni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi uzoq vaqtga safarga ketibdi. Yig‘im–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun o‘sha odam xizmatkorini bog‘bonlar oldiga yuboribdi. Ammo bog‘bonlar xizmatkorni kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. Keyin uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini yuboribdi. Bog‘bonlar bu xizmatkorni ham urib, sharmanda qilib, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. Yana uchinchisini yuboribdi, uni ham yarador qilib, quvib chiqarishibdi. Keyin uzumzor egasi o‘ylabdi: “Endi nima kilsam ekan? Endi suyukli o‘g‘limni yuboraman. Balki bog‘bonlar uni hurmat qilishar.” Ammo bog‘bonlar uning o‘g‘lini ko‘rishlari bilan o‘zaro muhokamaga tushib: — Bu merosxo‘r–ku! Uni o‘ldiraylik, shunda merosi bizga qoladi, — deyishibdi–da, o‘g‘lini uzumzordan tashqariga chiqarib, o‘ldirishibdi. Xo‘sh, sizningcha, endi uzumzor egasi ularni nima qilar ekan? U kelib bog‘bonlarni o‘ldiradi, uzumzorini esa boshqalarga ijaraga beradi.” Buni eshitganlar: — Xudo ko‘rsatmasin! — deb yuborishdi. Iso esa ularga tikilib, shunday dedi: — Unday bo‘lsa, Muqaddas Bitiklardagi: “Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi”, degan so‘zlarning ma’nosi nima? Kimki bu toshga yiqilsa, parcha–parcha bo‘ladi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi. Iso aytgan bu masal tafsirchilar bilan bosh ruhoniylarga qarshi aytilgan edi. Ular buni anglab yetdilar va shu zahoti Isoni qo‘lga olmoqchi bo‘ldilar. Ammo xalqdan qo‘rqdilar. Tafsirchilar bilan bosh ruhoniylar Isoni kuzatib yurdilar. Uning ortidan o‘zlarini samimiy ko‘rsatadigan odamlarni qo‘ydilar. Ular esa Isoni tilidan ilintirib, hokimning qo‘liga va hukmiga bermoqchi edilar. Shuning uchun ular Isoga dedilar: — Ustoz, siz aytayotgan so‘zlaringiz va o‘rgatayotgan ta’limotingiz to‘g‘ri ekanini bilamiz. Siz hech kimga yuz–xotir qilmay Xudoning yo‘lini to‘g‘ri o‘rgatasiz. Ayting–chi, Qaysarga soliq to‘lashimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? Iso ularning makkorligini anglab, dedi: — Qani, Menga bir dinor ko‘rsatinglar! Bu tangadagi surat va yozuv kimniki? — Qaysarniki, — deb javob berdi ular. Iso: — Unday bo‘lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi. Ular xalqning ko‘z o‘ngida Isoni tilidan ilintira olmadilar. Isoning javobidan lol qolib, jim bo‘ldilar. Sadduqiylar o‘liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba’zilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar: — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan: “Agar birovning akasi farzand ko‘rmay o‘tib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin. Tug‘ilgan bola marhum akasiniki hisoblanadi.” Yetti aka–uka bo‘lgan ekan. Birinchisi uylanibdi, ammo farzand ko‘rmay olamdan o‘tibdi. So‘ng ikkinchisi o‘sha xotinni olib, bola ko‘rmay o‘libdi. Uchinchisi ham xuddi shu ko‘yga tushibdi. Xullas, yettita aka–ukaning hammasi o‘sha xotinga uylanib, farzandsiz o‘tib ketibdi. Oxiri, xotin ham o‘libdi. Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda o‘sha ayol qaysi birining xotini hisoblanadi? Yettovi ham unga uylangan edilar–ku! Iso ularga shunday javob berdi: — Bu dunyoda odamlar uylanadilar va erga tegadilar. Ammo o‘likdan tirilishga va kelajakdagi dunyoda yashashga sazovor bo‘lganlar u dunyoda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar. Ular bamisoli farishtalarday bo‘lganlari uchun, hech qachon o‘lmaydilar. Ular Xudoning bolalaridir, chunki tirilgandirlar. Hatto Musoning o‘zi ham tirilishni tasdiqlab, yonayotgan buta to‘g‘risidagi hikoyada Egamizni — Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi deb atagan. Zotan Xudo o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Xudo uchun hamma tirikdir. [39-40] Tafsirchilarning ba’zilari Isoga yana savol berishga jur’at etmaganlari uchun: — Ustoz, yaxshi gapirdingiz, — dedilar. Iso tafsirchilarga dedi: *** “Nega Masihni Dovudning o‘g‘li deydilar? [42-43] Mana, Dovudning o‘zi Zabur kitobida shunday degan: “Egamiz aytmoqda Rabbimga: Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirgin.” *** Demak, Dovud Masihni Rabbim deb atagan bo‘lsa, qanday qilib Masih Dovudning o‘g‘li bo‘ladi?!” Butun xalq Isoni tinglab turar ekan, U shogirdlariga dedi: “Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot bo‘linglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni, bozorlarda yurganlarda ularga salom berishlarini yaxshi ko‘radilar. Sinagogalarda yaxshi joylarda o‘tirishni, ziyofatlarda to‘rda o‘tirishni yoqtiradilar. Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xo‘ja ko‘rsinga uzoq duo o‘qiydilar. Bunday odamlar nihoyatda qattiq jazoga mubtalo bo‘ladilar.” Iso Ma’badning ehson qutisiga nazar solar ekan, ehson tashlab turgan boy odamlarni ko‘rdi. Shuningdek, ikki chaqa tashlagan bir kambag‘al beva ayolni ham ko‘rdi. Shunda Iso dedi: “Sizlarga chinini aytayin, bu kambag‘al beva hammadan ko‘proq ehson berdi. Chunki boylarning hammasi o‘zlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Ammo bu ayol kambag‘alligiga qaramasdan, o‘zining bor–yo‘g‘ini tashladi.” Shogirdlardan ba’zilari Ma’badning go‘zal toshlar va Xudoga nazr qilingan in’omlar bilan bezatilgani to‘g‘risida gaplashayotgan edilar. Shunda Iso dedi: — Shunday kunlar keladiki, siz ko‘rib turganlarning hammasi vayron bo‘ladi. Bu yerda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi. Ular Isodan so‘radilar: — Ustoz, bu hodisalar qachon yuz beradi? Tez orada yuz berishini nimadan bilsak bo‘ladi? Iso dedi: — Ehtiyot bo‘linglar, yo‘ldan ozmanglar, chunki ko‘pchilik o‘zlarini Mening nomim bilan atab: “Men O‘shaman”, “Vaqt yaqin”, deb aytadi. Ularga ergashmanglar. Sizlar urush va isyonlar to‘g‘risida xabarlarni eshitganingizda, vahimaga tushmanglar, chunki bu hodisalar birinchi bo‘lib sodir bo‘lishi kerak. Ammo bu hali so‘nggi nihoya emas. Keyin Iso ularga dedi: “Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi ko‘tariladi. Ayrim joylarda shiddatli zilzilalar, qahatchiliklar, o‘latlar bo‘ladi. Osmonda vahimali hodisalar, buyuk alomatlar yuz beradi. Lekin bularning hammasidan oldin sizlarni hibsga oladilar, quvg‘in qiladilar, sinagogalarga topshirib, qamoqlarga tashlaydilar. Mening nomim tufayli sizlarni shohlar va hokimlar oldiga olib boradilar. Bular Xushxabarni aytishingiz uchun imkoniyat bo‘ladi. O‘zimizni qanday himoya qilamiz, deb oldindan qayg‘urmaslikka qaror qilinglar. Men O‘zim sizlarga so‘z, donolik ato qilamanki, raqiblaringizdan birontasi aytganlaringizni rad qila olmaydilar yoki e’tiroz bildira olmaydilar. Sizlarni hatto ota –onangiz, aka–ukalaringiz, qarindosh–urug‘laringiz, do‘stlaringiz tutib berishadi. Ular ba’zilaringizni o‘ldirishadi. Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Biroq boshingizdan bir tola soch ham tushmaydi. Qat’iyatli bo‘linglar, shunda hayotga erishasiz.” “ Quddusni dushman lashkarlari o‘rab olganini ko‘rganingizda, bilingki, shahar yaqin orada vayron qilinadi. Shunda Yahudiyada bo‘lganlar tog‘larga qochsin, shaharning ichida bo‘lganlar tashqariga chiqsin, dalalarda bo‘lganlar shaharga kirmasin. Chunki Xudoning qasos oladigan kunlari keldi. O‘sha kunlarda hamma bashoratlar amalga oshadi. U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Chunki yer yuzini katta musibat chulg‘ab oladi, bu xalqning boshiga Xudoning g‘azabi yog‘iladi. Ba’zilari qilichdan o‘tkaziladi, boshqalari barcha yurtlarga asir qilib olib ketiladi. G‘ayriyahudiylarning davru davroni tugamaguncha, ular Quddusni oyoq osti qiladilar.” “Quyosh, oy va yulduzlarda alomatlar paydo bo‘ladi. Dengizlar va to‘lqinlar shovqinidan xalqlar sarosimaga tushib, iztirob chekadi. Odamlar dunyoga keladigan falokatlarni ko‘rib, qo‘rquvdan hushidan ketadilar. Chunki o‘shanda samoviy kuchlar larzaga keladi. Shunda hamma odam Inson O‘g‘lini ko‘radi. Inson O‘g‘li qudratga va buyuk ulug‘vorlikka burkanib, bulutlarda keladi. Bu hodisalar yuz bera boshlaganda, turib, boshingizni baland ko‘taring. Chunki qutqariladigan vaqtingiz yaqinlashmoqda.” Iso shogirdlariga bir masalni aytib berdi: “Anjir daraxtiga va boshqa hamma daraxtlarga qaranglar. Daraxtlar barg yozayotganini ko‘rganingizda, yoz yaqinlashib qolganini bilasiz. Shu singari, mana bu voqealar sodir bo‘lganda, bilingki, Xudoning Shohligi yaqin. Sizlarga chinini aytayin, bu nasl o‘tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo‘ladi. Yeru osmon yo‘q bo‘lib ketadi, ammo Mening so‘zlarim kuchda qoladi. Hushyor bo‘linglar! Kayfu safoga, bu hayotning tashvishlariga berilib ketmanglar. Tag‘in o‘sha kun kelib qolganda sizlar to‘satdan to‘rga tushgan odamlarga o‘xshab qolmanglar! Chunki u kun butun yer yuzida yashovchilarning boshiga tushadi. Doim hushyor bo‘linglar. Yuz beradigan bu hamma musibatlardan qutula olishingiz va Inson O‘g‘li oldida munosib tura olishingiz uchun doimo ibodatda bo‘linglar.” Har kuni Iso Ma’badda ta’lim berardi, kechalari esa shahardan chiqib, tunni Zaytun deb ataladigan tog‘da o‘tkazar edi. Xalq sahardan Isoni tinglagani Ma’badga kelardi. Xamirturushsiz non bayramiga yaqin qolgan edi. Bu bayram Fisih deb atalardi. Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni yashirincha o‘ldirish uchun fursat poylab yurgan edilar, chunki ular xalqdan qo‘rqardilar. Shunda o‘n ikki havoriydan biri — Yahudo Ishqariyotning ichiga shayton kirib oldi. Yahudo bosh ruhoniylarning va Ma’bad mirshabboshilarining oldiga borib, Isoni qanday tutib berish to‘g‘risida ular bilan gaplashdi. Ular juda xursand bo‘lib, Yahudoga pul beradigan bo‘ldilar. Yahudo rozi bo‘ldi va Isoni xalqdan yashirincha ularning qo‘liga tutib berish uchun qulay fursatni kuta boshladi. Xamirturushsiz non bayrami keldi. Shu kuni Fisih qo‘zisi qurbonlik qilinar edi. Iso Butrus bilan Yuhannoni yuborayotib shunday dedi: — Boringlar, biz uchun Fisih taomini tayyorlanglar. Ular Isodan so‘radilar: — Bayram taomini qayerda tayyorlashimizni xohlaysiz? Iso ularga dedi: — Shaharga kirishlaringiz bilanoq, ko‘zada suv ko‘tarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. O‘sha odamga ergashib, u kiradigan uyga kiringlar. Xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini yemoqchilar. U sizdan: ‘Bizga tayyorlab qo‘yilgan mehmonxona qayerda?’ deb so‘rab yubordilar.” Uy egasi sizlarga jihozlangan katta boloxonani ko‘rsatadi. U yerda biz uchun hozirlik ko‘ringlar. Shogirdlar ketdilar. Hamma narsa xuddi Iso aytganiday ro‘y berdi. Ular Fisih taomini tayyorladilar. Ziyofat vaqti bo‘ldi. Iso bilan havoriylari dasturxon atrofiga yonboshlashdi. Iso ularga dedi: — Men azob chekmasimdan avval bu Fisih taomini sizlar bilan birga yeyishni juda ham orzu qilgandim. Sizlarga aytay: Biz Xudoning Shohligida haqiqiy Fisih taomini yemagunimizcha, Men bu taomdan boshqa yemayman. Keyin Iso sharob quyilgan kosani olib, shukrona duosini aytib dedi: — Buni olinglar, o‘zaro bo‘lishinglar. Sizlarga aytay: Xudoning Shohligi kelmaguncha, Men uzum ne’matidan boshqa ichmayman. So‘ngra nonni oldi, shukrona duosini aytib sindirdi va shogirdlariga berib dedi: — Bu non Mening tanamni bildiradi. Tanam sizlar uchun fido bo‘ladi. Birgalikda non sindirib yeganingizda Meni xotirlanglar. Ovqatlanib bo‘lganlaridan keyin, Iso yana sharob quyilgan kosani olib, shunday dedi: — Bu kosa Xudoning yangi ahdini bildiradi. Bu Ahd sizlar uchun to‘kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. Ana, qarang! Menga xiyonat qiladigan odam Men bilan bir dasturxonda o‘tiribdi. Ha, Xudo reja qilganday Inson O‘g‘li jon beradi. Ammo Inson O‘g‘liga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Shunda ular bir–birlaridan: — Oramizda bunday ishga qo‘l uradigan kim ekan? — deb so‘ray boshladilar. Shogirdlar orasida: “Qaysi birimiz eng katta hisoblanishimiz kerak?” degan bahs bo‘ldi. Iso ularga dedi: “Butparastlarning hukmdorlari xalqlariga o‘z hukmini o‘tkazadilar. El boshliqlari oliyhimmat deb olqishlanadilar. Sizlar esa bunday bo‘lmanglar. Aksincha, orangizda kim katta bo‘lsa, o‘zini eng kichikday tutsin. Kim boshliq bo‘lsa, xizmatkorday bo‘lsin. Xo‘sh, kim katta? Dasturxon atrofida o‘tirganmi yoki unga xizmat qilayotganmi? Dasturxon atrofida o‘tirgan emasmi?! Men esa orangizda xizmatkordayman. Og‘ir kunlarimda yonimda bo‘ldingizlar. Shuning uchun, Otam Menga in’om qilgan Shohlikni Men sizlarga in’om qilyapman. Sizlar Mening Shohligimda dasturxonim atrofida o‘tirib yeb–ichasizlar, Isroilning o‘n ikki qabilasiga hukmronlik qilasizlar.” Iso dedi: — Shimo‘n, Shimo‘n! Mana, bug‘doyni g‘alvirdan o‘tkazishganday, shayton sizlarni sinovdan o‘tkazishga izn so‘radi. Biroq imondan toymasin, deb Men sen uchun ibodat qildim. Sen tavba qilib, Menga qaytganingdan keyin, birodarlaringni imonda mustahkamla. Shimo‘n Isoga javoban dedi: — Hazrat! Men Siz bilan zindonga ham, o‘limga ham borishga tayyorman! Iso esa dedi: — Eh Butrus! Senga shuni aytay, bugun xo‘roz qichqirmasdan oldin sen uch marta Meni tanimasligingni aytasan. Iso shogirdlariga dedi: — Men sizlarni hamyonsiz, to‘rvasiz, choriqsiz yuborganimda, biron narsada kamchiligingiz bormidi? — Hech narsada! — javob berdi ular. Iso ularga shunday dedi: — Endi esa kimning hamyoni yoki to‘rvasi bo‘lsa, olsin. Kimda qilich yo‘q bo‘lsa, choponini sotib, qilich xarid qilsin. Sizlarga aytay: “U gunohkorlar qatorida sanaldi”, deb Men haqimda aytilgan bashorat bajo bo‘lishi kerak. Ha, Men haqimda yozilgan bu so‘z bajo bo‘lyapti. Shogirdlar: — Hazrat, qarang, mana bu yerda ikkita qilich bor ekan! — dedilar. — Bo‘ldi, yetar! — dedi Iso. Iso shahardan chiqib, odatdagiday Zaytun tog‘iga yo‘l oldi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ketdilar. Iso o‘sha joyga yetib kelgandan keyin, shogirdlariga: — Vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilinglar, — dedi. O‘zi ulardan bir tosh otar masofacha nari bordi–da, tiz cho‘kib ibodat qildi: — Ey Ota! Qaniydi, bu azob kosasini Mendan uzoqlashtirsang! Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo‘lsin. Shu orada osmondan bir farishta Isoga zohir bo‘lib, Unga kuch ato qildi. Iso og‘ir iztirob ichida jon–jahdi bilan ibodat qildi. Undan oqqan ter esa yerga tomayotgan qon tomchilariga o‘xshar edi. Iso ibodatni tugatib, shogirdlari yoniga keldi. Ularning uxlab yotganini ko‘rdi. Shogirdlar qayg‘udan holdan toygan edilar. Iso ularga: — Nega uxlab yotibsizlar? Qani turinglar, vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilinglar, — dedi. Iso hali gapirib bo‘lmasidan, birdaniga olomon kelib qoldi. Olomonni o‘n ikki shogirddan biri — Yahudo boshlab kelgandi. Yahudo Isoni o‘pmoqchi bo‘lib, Unga yaqinlashdi. Iso esa unga dedi: — Yahudo, sen Inson O‘g‘liga bir o‘pich bilan xiyonat qilyapsanmi? Isoning yonidagilar voqea qayoqqa yo‘nalayotganini payqab: — Hazrat, qilichni ishga solaylikmi? — deyishdi. Ulardan biri esa oliy ruhoniyning xizmatkoriga jarohat yetkazib, uning o‘ng qulog‘ini kesib tashladi. Shunda Iso: — Qo‘yinglar, bas! — dedi–da, xizmatkorning qulog‘iga qo‘l tekkizib unga shifo berdi. So‘ng Uni qo‘lga olishga kelgan bosh ruhoniylar, Ma’bad mirshabboshilari va oqsoqollarga dedi: — Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?! Sizlar bilan har kuni Ma’badda birga edim, Menga qo‘l tekkizmadingizlar. Ammo endi zamon sizniki, zulmat hukmronligi keldi! Isoni ushlab, oliy ruhoniyning uyiga olib ketdilar. Butrus esa masofa saqlab ularga ergashib bordi. Oliy ruhoniyning hovlisi o‘rtasida gulxan yoqishdi. Butrus gulxan atrofida o‘tirgan odamlarning yoniga borib o‘tirdi. Bir cho‘ri qiz gulxan yonida o‘tirgan Butrusni ko‘rdi. U Butrusga tikilib qaradi–da: — Bu odam ham U bilan birga edi! — dedi. Lekin Butrus inkor etib: — Ey singlim, men Uni tanimayman! — dedi. Bir ozdan keyin boshqa bir odam Butrusni ko‘rib: — Sen ham ulardan birisan–ku! — dedi. Lekin Butrus unga ham: — Ey birodar, men ulardan emasman! — dedi. Oradan bir soatlar o‘tgandan keyin yana kimdir: — Haqiqatan ham, manavi odam U bilan birga bo‘lgan. Axir, u ham Jalilalik–ku! — deb turib oldi. — Menga qara, nima to‘g‘risida gapiryapsan, tushunmayapman — deb e’tiroz bildirdi Butrus. U gapini tugatmasdanoq, xo‘roz qichqirdi. Rabbimiz Iso o‘girilib, Butrusga qaradi. Shunda Butrus Rabbimizning: “Bugun xo‘roz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan”, — degan gapini esladi. Butrus hovlidan chiqib, achchiq–achchiq yig‘ladi. Isoni qo‘riqlagan odamlar Uni haqoratlab kaltakladilar. Ular Isoning ko‘zlarini bog‘lab qo‘yib: — Payg‘ambar, qani top–chi, Seni kim urdi ekan? — derdilar. Isoga yana ko‘p haqoratli so‘zlar aytdilar. Tong otganda Oliy kengash a’zolari — bosh ruhoniylar bilan tafsirchilar yig‘ildilar. Isoni ularning oldiga olib kelishdi. — Bizga ayt–chi, Sen Masihmisan? — deb so‘radilar. Iso shunday javob berdi: — Agar sizlarga aytsam, Menga ishonmaysizlar. Agar sizlarga savol bersam, javob bermaysizlar. Biroq bundan buyon Inson O‘g‘li Qodir Xudoning o‘ng tomonida o‘tiradi. Shunda hamma birdaniga: — Bundan chiqdi, Sen Xudoning O‘g‘li ekansan–da? — deb so‘radilar. — O‘zlaringiz Mening kimligimni aytdingizlar, — dedi ularga Iso. Shunda ular: — Boshqa guvohga ehtiyoj qolmadi! O‘z og‘zidan o‘zimiz eshitdik, axir! — deyishdi. Butun Kengash a’zolari turib, Isoni Pilatning oldiga keltirdilar. Ular Isoni ayblay boshladilar: — Biz bu Odamni xalqimizni yo‘ldan ozdirayotganda ushlab oldik. U, Qaysarga soliq to‘lamanglar, Men Masihman, shohman, deb aytib yuribdi. Pilat Isodan: — Sen yahudiylarning shohimisan? — deb so‘radi. — Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso. Shunda Pilat bosh ruhoniylarga va olomonga: — Men bu odamni ayblashga hech qanday sabab ko‘rmayapman, — dedi. Ammo ular qattiq turib oldilar: — U O‘z ta’limoti bilan butun Yahudiyadagi odamlarni qo‘zg‘olonga da’vat qilyapti. U bu qilmishini Jalilada boshlagandi, endi shu yerga ham yetib kelibdi. Pilat bu gapni eshitib: — Bu Odam Jalilalikmi? — deb so‘radi. Iso Hirodning qo‘l ostidagi hududdan ekanini Pilat bilgach, Uni Hirod huzuriga jo‘natdi. Hirod o‘sha paytda Quddusda edi. Hirod Isoni ko‘rib, juda xursand bo‘lib ketdi. U anchadan buyon Isoni ko‘rmoqchi bo‘lib yurgan edi. Chunki Hirod Iso haqida eshitgan, Uning biron mo‘jizasini ko‘rsam, degan niyatda edi. Hirod Isoga ko‘p savollar berdi, ammo Iso hech biriga javob qaytarmadi. Shu yerda turgan bosh ruhoniylar bilan Tavrot tafsirchilari esa Uni shiddat bilan qoraladilar. Shundan keyin Hirodning o‘zi ham askarlari bilan birga Isoni kamsitib masxaraladi. Unga shohona chopon kiydirib, Pilatning oldiga qaytarib yubordi. Bir–biriga dushman bo‘lgan Hirod bilan Pilat o‘sha kuni do‘stlashdilar. Pilat bosh ruhoniylar, boshliqlar va xalqni chaqirib, ularga dedi: — Sizlar bu Odamni xalqni yo‘ldan ozdirishda ayblab, oldimga olib keldingizlar. Men Uni sizlarning oldingizda tekshirib ko‘rdim. Ammo sizlar Unga qo‘ygan ayblardan birontasini men topmadim. Hirod ham hech nima topolmagani uchun Uni bizning oldimizga qaytarib yubordi. Xullas, bu Odam o‘limga loyiq biron ish qilmagan. [16-17] Shuning uchun, men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman. *** Xaloyiq esa bir og‘izdan: — Unga o‘lim! Bizga Barabbani ozod qiling! — deb baqira ketishdi. Barabba shaharda yuz bergan isyonda ishtirok etib, qotillik qilgan, shuning uchun zindonga tashlangan edi. Pilat Isoni ozod qilmoqchi bo‘lib, olomonga yana murojaat etdi. Ammo olomon: “ Xochga mixlansin! Xochga mixlansin!” deb shovqin ko‘tardi. Pilat uchinchi marta ularga aytdi: — U nima yomonlik qildi, axir?! Men Unda o‘limga loyiq biror ayb topganim yo‘q. Shunday ekan, men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman! Biroq olomon ovozi boricha: “Iso xochga mixlansin!” deb baqirib, talab qilaverdi. Nihoyat ularning baqir–chaqirlari ustun keldi. Pilat ularning talabini bajarishga qaror qildi. Olomonning istagiga ko‘ra, isyonda ishtirok etib, qotillik qilgani uchun zindonga tashlangan odamni Pilat ozod qildi, Isoni esa olomonning ixtiyoriga topshirdi. Askarlar Isoni olib ketdilar. Ular ketayotganlarida, Shimo‘n degan bir odamni uchratib qoldilar. Shimo‘n Kirineyalik bo‘lib, daladan shaharga qaytib kelayotgan ekan. Askarlar uning yelkasiga xochni ortib, Isoning ketidan borishga majbur qildilar. Bir talay olomon Isoning ortidan ergashib kelayotgan edi. Ularning orasida ayollar ham bor edi. Ayollar ko‘ksiga urib, Iso uchun faryod qilardilar. Iso ayollarga qarab dedi: — Men uchun yig‘lamanglar, ey Quddus qizlari! O‘zlaringiz uchun, farzandlaringiz uchun yig‘langlar. Shunday kunlar keladiki: “Tug‘magan, bola emizmagan, bepusht ayollar baxtlidir”, — deb aytishadi. O‘shanda odamlar tog‘larga: “Bizni yashiringlar!” deya baqirishadi. Qirlarga: “Ustimizga qulanglar!” deb yolvorishadi. Ko‘karib turgan daraxtga shunday qilsalar, qurigan daraxtni nima qilar ekanlar?! Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham qatl qilishga olib ketayotgan edilar. Bosh suyagi degan joyga yetib kelganlaridan so‘ng, askarlar Isoni xochga mixladilar. Iso bilan birga ikkita jinoyatchini ham mixladilar, ularning biri Isoning o‘ng tomonida, biri chap tomonida edi. Iso: — Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganini bilmaydilar, — dedi. Askarlar qur’a tashlab, Isoning kiyimlarini bo‘lishib oldilar. Olomon qarab turardi. Boshliqlar esa Isoning ustidan kulib, shunday derdilar: — U boshqalarni qutqarardi. Agar U Xudo tanlagan Masih bo‘lsa, endi O‘zini qutqarib ko‘rsin–chi! — deyishardi. Askarlar ham Isoni masxaraladilar. Ular Isoga arzon sharob ichirgani yaqinlashib, shunday dedilar: — Agar Sen yahudiylarning Shohi bo‘lsang, O‘zingni O‘zing qutqar–chi! Isoning bosh tomonida “Bu Yahudiylarning Shohidir” degan yozuv bor edi. Osilgan jinoyatchilardan biri Isoni haqoratlab dedi: — Masih ekansan, O‘zingni ham, bizni ham qutqarmaysanmi?! Ikkinchi jinoyatchi esa bu sherigiga ta’na qildi: — Xudodan qo‘rqmaysanmi?! O‘zing ham shu odam kabi jazoga mahkum bo‘lgansan–ku! Biz qilmishimizga yarasha adolatli jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgani yo‘q. Keyin dedi: — Ey Iso, taxtingizga o‘tirib, Shoh bo‘lganingizda meni eslang! Iso unga dedi: — Senga chinini aytayin, bugunoq sen Men bilan birga jannatda bo‘lasan. [44-45] Tush payti edi. Kun qoraydi, soat uchga qadar hamma yoq zulmatga cho‘mdi. Ma’baddagi parda o‘rtasidan yirtildi. *** Iso baland ovoz bilan faryod qildi: — Ota! Ruhimni Sening qo‘llaringga topshiryapman. Shunday dedi–da, jon berdi. Voqeani ko‘rib turgan yuzboshi Xudoni ulug‘lab: — Haqiqatan ham, bu Odam solih ekan, — dedi. Tomoshaga to‘plangan olomon sodir bo‘lgan voqealarni ko‘rib, qayg‘udan ko‘ksiga ura–ura uylariga qaytib ketdilar. Isoni bilganlar esa, shu jumladan, Jaliladan Unga ergashib kelgan ayollar yuz bergan voqealarni uzoqdan kuzatib turardilar. Oliy kengash a’zolari orasida Yusuf ismli yaxshi va solih bir kishi bor edi. U yahudiylarning Arimateya shahridan bo‘lib, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutardi. Yusuf Kengash a’zolarining bu qarorini va qilgan ishini ma’qullamagan edi. U Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini so‘radi. Yusuf jasadni xochdan tushirib olib, zig‘ir mato bilan kafanladi. Keyin jasadni qoyaga o‘yilgan qabrga qo‘ydi. Bu qabrga hali hech kim qo‘yilmagan edi. Bu kun Shabbat arafasi bo‘lib, Shabbat kuni boshlanishiga oz qolgandi. Jaliladan Iso bilan birga kelgan ayollar Yusufning orqasidan ergashib bordilar. Ular qabrni va Isoning jasadi qanday dafn qilinganini ko‘rdilar. Ular uylariga qaytib borib, jasadga surtish uchun xushbo‘y moylar va atirlar tayyorladilar. Shabbat kuni esa, Qonunda buyurilganday, dam oldilar. Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qo‘ygan xushbo‘y moylarini olib, qabrga keldilar. Qabr og‘zidagi tosh ag‘darilib yotganini ko‘rdilar. Ichkariga kirdilar, ammo Rabbimiz Isoning jasadini topmadilar. Ular gangib qoldilar. Shunda to‘satdan ayollarning qarshisida ikki odam paydo bo‘ldi. Ularning kiyimlari yarqirab turardi. Ayollar vahimadan boshlarini yerga egib turishdi. Odamlar esa ayollarga shunday deyishdi: — Nega siz tirikni o‘liklar orasidan qidiryapsizlar? U bu yerda yo‘q, U tirildi! Hali Jalilada bo‘lgan paytida sizlarga nima deganini eslanglar. U sizga: “ Inson O‘g‘li gunohkor odamlar qo‘liga tutib beriladi, xochga mixlanadi, uchinchi kuni esa tiriladi”, — degan edi–ku. Shunda ayollar Isoning bu so‘zlarini esladilar. Ular qabr yonidan qaytib, bu voqeani o‘n bir shogirdga va qolgan hammaga aytib berdilar. Havoriylarga bu xabarni Magdalalik Maryam, Yo‘anna va Yoqubning onasi Maryam yetkazdilar. Ular bilan birga boshqa ayollar ham bor edi. Ammo havoriylar, bu ayollar safsata tarqatyaptilar, deb o‘yladilar, ayollarning gaplariga ishonmadilar. Butrus esa o‘rnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u yerda faqatgina kafanni ko‘rdi. Yuz bergan voqeadan hayron qolib, uyiga qaytib ketdi. O‘sha kuni Isoning shogirdlaridan ikkitasi Emmaus degan qishloqqa ketishayotgan edi. Bu qishloq Quddusdan o‘n bir kilometr uzoqlikda joylashgan edi. Ular yuz bergan voqealar to‘g‘risida suhbatlashib ketayotgan edilar. Ular gaplashib, bo‘lib o‘tganlarni muhokama qilib ketayotganlarida, Isoning O‘zi ularga yaqinlashib, hamroh bo‘ldi. Shogirdlar Isoni ko‘rdilar, ammo Uni taniy olmadilar. Iso ulardan: — Nimani muhokama qilib ketyapsizlar? — deb so‘radi. Ular to‘xtab qoldilar, yuzlari g‘amgin edi. Shogirdlaridan Kleopa degani Unga javob berdi: — Shu kunlarda Quddusda ko‘p voqealar yuz berdi. Bulardan bexabar qolgan musofir yolg‘iz siz bo‘lsangiz kerak. — Qanday voqealar? — deb so‘radi Iso ulardan. — Nosiralik Iso to‘g‘risidagi voqealar–da, — deb javob berdi ular. — Iso payg‘ambar edi, Xudo oldida va butun xalq oldida so‘zlari va ishlari bilan qudratini ko‘rsatdi. Ammo bosh ruhoniylarimiz bilan oqsoqollarimiz Uni o‘limga mahkum qilib, xochga mixlash uchun tutib berdilar. Biz esa, U Isroilni xalos etadi, deb umid qilgan edik. Bu hodisalar sodir bo‘lganiga bugun uch kun bo‘ldi. Buning ustiga–ustak, oramizdagi ayrim ayollar bizni hayratda qoldirishdi. Ular bugun saharda qabrga borgan ekanlar, Uning jasadini topa olmabdilar. Ayollar qaytib kelib: “Bizga farishtalar zohir bo‘ldi, ular bizga, Iso tirik, deb aytishdi”, degan xabarni olib kelishdi. Shunda oramizdan ba’zilar qabrga borib, ayollarning gapi to‘g‘ri ekanini ko‘rdilar. Iso qabrda yo‘q edi. Iso ularga dedi: — Bunchalik befahm bo‘lmasangizlar?! Payg‘ambarlarning gaplariga ishonish nega sizlar uchun shunchalik qiyin?! Axir Masih ulug‘lanishidan oldin bu azoblarni boshdan kechirishi kerak edi–ku! Keyin Musodan tortib, barcha payg‘ambarlar bitiklarida O‘zi haqida yozilgan so‘zlarning hammasini Iso ularga tushuntirdi. Nihoyat, ular borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso O‘zini yo‘lda davom etadigan qilib ko‘rsatdi. Lekin ular Isoga: — Kech bo‘lib qoldi, hademay qorong‘i ham tushadi. Biz bilan birga qoling, — deb qistadilar. Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi. Ular bilan birga dasturxonga o‘tirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi. Shunda ularning ko‘zlari ochilib, Isoni tanib qolishdi. Biroq Iso ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shogirdlar bir–biriga dedilar: — U yo‘lda biz bilan gaplashib, Muqaddas Bitiklarni tushuntirayotganda, yuraklarimiz jizillamaganmidi, axir?! Shu zahoti o‘rinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. O‘n bir havoriyni va ular bilan to‘planib turganlarni topdilar. Havoriylar ularga: — Rabbimiz Iso haqiqatan ham tirilibdi! U Shimo‘nga ko‘rinibdi! — deb aytdilar. Shunda Emmausdan qaytib kelgan ikki shogird ham yo‘ldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganlarini aytib berdilar. Ular bu to‘g‘rida hali gapirayotganlarida, Isoning O‘zi o‘rtalarida zohir bo‘ldi. — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! — dedi. Shogirdlar, arvoh ko‘ryapmiz, deb o‘ylab o‘takasi yorildi. Lekin Iso ularga dedi: — Nega qo‘rqib ketdingizlar? Nechun ko‘nglingizda buncha gumonlar tug‘ilyapti? Qo‘llarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Men O‘zimman. Meni ushlab ko‘ringlar. Arvohning etu suyagi bo‘lmaydi–ku, axir! Mening esa, ko‘rib turganingizday, etu suyagim bor. Iso shu gaplarni aytib, ularga qo‘l–oyoqlarini ko‘rsatdi. Shogirdlari sevinchdan taajjublanib hali ham ishonmay turganlarida, Iso ulardan so‘radi: — Bu yerda yeydigan biron narsangiz bormi? Shogirdlari Unga bir bo‘lak qovurilgan baliq berishdi. Iso buni olib, ularning ko‘zlari oldida yedi. Keyin Iso shogirdlariga dedi: — Sizlar bilan birga bo‘lgan paytlarimda, Tavrotda, payg‘ambarlar bitiklarida va Zaburda Men to‘g‘rimda yozilganlar bajo bo‘lishi kerak, deb sizlarga aytgan edim. So‘ngra Iso, Muqaddas Bitiklarni tushunib yetsinlar, deb ularning ongini ochdi va ularga dedi: — Masih azob chekishi va uchinchi kuni o‘likdan tirilishi kerak, deb yozilgan. Yana, tavba qilish va gunohlarning kechirilishi haqidagi xabar Uning nomi bilan jamiki xalqlarga va’z qilinishi kerak, deb ham yozilgan. Shunday ekan, Quddusdan boshlab, hamma odamlarga ko‘rgan–bilganlaringizni aytinglar. Men sizlarga Otam va’da qilgan Muqaddas Ruhni yuboraman. Shuning uchun yuqoridan qudrat kelib sizlarni qamrab olmaguncha, shu shaharda qolinglar. Shundan keyin Iso shogirdlarini shahardan tashqariga — Baytaniya yaqiniga olib chiqdi. Iso qo‘llarini ko‘tarib, ularni duo qildi. Duo qilayotib, ulardan uzoqlashib boraverdi va osmonga ko‘tarildi. Shogirdlar esa Unga sajda qildilar va katta sevinch ila Quddusga qaytib bordilar. Ular doimo Ma’badda bo‘lib, Xudoni olqishlar edilar. Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo bilan birga edi, Kalom — Xudo edi. Azalda U Xudo bilan birga edi. Butun borliq Kalom orqali yaratilgan, Usiz yaratilgan biron narsa mavjud emas. Kalom — hayot manbayi edi, Bu hayot insonlarning Nuri edi. Nur zulmatda porlaydi, Zulmat esa Nurni yengolmadi. Xudo Yahyo ismli bir odamni yubordi. Yahyo Nur haqida shahodat qilgani kelgan edi, toki hamma uning shahodati orqali imon keltirsin. Uning o‘zi Nur emas edi, u faqat Nur haqida shahodat qilgani kelgandi. Har bir odamni yoritadigan haqiqiy Nur dunyoga kelayotgan edi. Ha, Kalom dunyoda edi, Dunyo U orqali yaratilgandi, Biroq dunyo Uni tanimadi. U O‘z yurtiga keldi, Lekin O‘z xalqi Uni qabul qilmadi. Uni qabul qilganlarning hammasiga esa, Unga imon keltirganlarga, U Xudoning farzandi bo‘lish huquqini berdi. Ular na tana xohishidan, Na er xohishidan, Tabiiy yo‘l bilan emas, Balki Xudodan tug‘ilgan farzandlardir. Kalom inson bo‘ldi, Oramizda yashadi. U inoyat va haqiqatga to‘lgandi. Biz esa Uning ulug‘vorligini ko‘rdik. Bu ulug‘vorlik Otadan kelgan yagona O‘g‘ilga mansub edi. Yahyo U haqda guvohlik berib, baland ovozda dedi: — Mening ketimdan kelayotgan Zot mendan ulug‘dir, chunki U mendan oldin mavjud bo‘lgan, deb mana shu Kishi haqida aytgan edim. Uning cheksiz inoyati tufayli Biz hammamiz baraka ustiga baraka oldik. Xudo qonunni Muso orqali berdi, Inoyat va haqiqatni esa U Iso Masih orqali ko‘rsatdi. Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rgan emas, Ota bag‘ridagi, aslida Xudo bo‘lgan yagona O‘g‘il, Uni bizga tanitdi. [19-20] Quddusdagi yahudiylar Yahyoning oldiga ruhoniylarni va levilarni yubordilar. Ular kelib, Yahyodan: — Sen kimsan? — deb so‘radilar. Yahyo javob berishdan bosh tortmadi. U shahodat berib, ochiq–oydin: — Men Masih emasman, — deb aytdi. *** Yana undan: — Bo‘lmasa kimsan? Ilyosmisan? — deb so‘radilar. — Yo‘q! — dedi u. — Biz kutayotgan payg‘ambarmisan? — deb savol berdilar. U yana: — Yo‘q! — deb javob berdi. — Unda kimsan? Bizni yuborganlarga javob berishimiz kerak. Sen o‘zing haqingda nima deysan? — deb so‘radilar. — Ishayo payg‘ambar aytganiday: “Egamizga to‘g‘ri yo‘l oching”, deb sahroda yangrayotgan ovoz menman, — dedi Yahyo. Farziylar tomonidan yuborilgan bu odamlar Yahyoga dedilar: — Modomiki sen Masih ham, Ilyos ham, biz kutgan payg‘ambar ham emas ekansan, nega xalqni suvga cho‘mdirib yuribsan? Yahyo ularga javoban shunday dedi: — Men odamlarni suvga cho‘mdiryapman, xolos. Lekin orangizda sizlar tanimaydigan bir Zot bor. U mening orqamdan kelyapti, shunday bo‘lsa–da, men Uning chorig‘i iplarini yechishga ham arzimayman. Bu hodisa Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘idagi Baytaniya qishlog‘ida yuz bergan edi. Yahyo o‘sha yerda odamlarni suvga cho‘mdirib yurardi. Ertasi kuni Yahyo Isoning yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, shunday dedi: “Ana, Xudoning Qo‘zisi! U dunyoni gunohdan poklaydi! Men ana shu Kishi haqida: “Mening ketimdan kelayotgan Zot, mendan ulug‘dir. Chunki U mendan oldin mavjud bo‘lgan”, deb aytgan edim. Men Uning kimligini bilmas edim. Lekin Uni Isroil xalqiga tanitish maqsadida, men odamlarni suvga cho‘mdirgani keldim.” Yahyo yana shunday shahodat berib dedi: — Men Ruhning osmondan kaptarday uchib kelganini va Uning ustiga qo‘nganini ko‘rdim. O‘sha paytgacha men Uning kimligini bilmas edim. Lekin “Odamlarni suvga cho‘mdirasan”, deb meni yuborgan Xudo menga shunday degan edi: “ Muqaddas Ruh kimning ustiga tushib qo‘nganini ko‘rsang, bilki, Muqaddas Ruhga Cho‘mdiruvchi O‘shadir.” Men buni ko‘rdim va sizlarga “Bu — Xudoning O‘g‘lidir ”, deb aytyapman. Ertasi kuni Yahyo shogirdlarining ikkitasi bilan yana kechagi joyda edi. U o‘tib ketayotgan Isoga qarab: — Ana, Xudoning Qo‘zisi! — dedi. Ikkala shogird Yahyoning bu so‘zlarini eshitib, Isoning orqasidan ergashib borishdi. Iso o‘girilib, ularning ergashib kelayotganini ko‘rdi–da, ulardan: — Sizlarga biron narsa kerakmi? — deb so‘radi. — Ravviy, Siz qayerda turasiz? — deyishdi ular. (“Ravviy” ustoz demakdir). — Yuringlar, ko‘rasizlar, — dedi Iso. Ular borib, Isoning turar joyini ko‘rganlarida, soat to‘rt bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ular o‘sha kuni Iso bilan qolishdi. Yahyodan Iso haqida eshitib, Unga ergashganlardan biri Idris edi. Idris — Shimo‘n Butrusning ukasi edi. U darrov akasi Shimo‘nni topdi–da, unga: — Biz Masihni topdik, — dedi. (Masih “Xudoning Tanlagani” demakdir.) Idris akasini Isoning oldiga olib keldi. Iso unga qarab dedi: — Sen Yuhanno o‘g‘li Shimo‘nsan. Sening isming Kifa bo‘ladi (Kifa yunonchada — Butrus, ya’ni “Tosh” demakdir). Ertasi kuni Iso Jalilaga bormoqchi bo‘ldi. U Filipni uchratib, unga: — Ortimdan yur! — dedi. Filip Baytsayda shahridan bo‘lib, Idris va Butrusning hamshahari edi. Filip Natanilni topib, unga dedi: — Muso Tavrot kitobida, boshqa payg‘ambarlar esa o‘zlarining bitiklarida bir Zot to‘g‘risida yozishgan edi. Biz o‘sha Zotni topdik. U Nosira shahridan, Yusuf o‘g‘li Iso ekan! — Nosira shahridan? U yerdan biron yaxshilik chiqarmidi?! — dedi Natanil unga. — Yur, ko‘rasan! — dedi unga Filip. Iso yaqinlashib kelayotgan Natanilni ko‘rib, u haqda shunday dedi: — Ana Isroilning haqiqiy avlodi. U hiyla degan narsani bilmaydi. Natanil Isodan so‘radi: — Siz meni qayerdan taniysiz? — Filip seni chaqirmasidan oldin, sen anjir daraxtining tagida eding. Men seni o‘sha yerda ko‘rgan edim, — deb javob berdi Iso. Shunda Natanil dedi: — Ustoz, Siz Xudoning O‘g‘lisiz! Isroilning Shohisiz! Iso unga javoban dedi: — Men senga: “Seni anjir daraxti tagida ko‘rdim”, deganim uchungina ishonyapsan. Sen bundan ham buyuk ishlarni ko‘rasan! So‘ng yana shunday deb qo‘shib qo‘ydi: — Sizlarga chinini aytayin: sizlar osmon ochilganini va Xudoning farishtalari Inson O‘g‘li oldiga tushib–chiqayotganini ko‘rasizlar. Ikki kundan keyin Jaliladagi Kana qishlog‘ida nikoh to‘yi bo‘ldi. Isoning onasi u yerda edi. Iso bilan shogirdlari ham to‘yga taklif qilingan edilar. Sharob tugay deb qolganda, onasi Isoga: — Ularda sharob qolmabdi, — dedi. Iso unga: — Buning menga nima daxli bor?! Mening vaqt–soatim hali kelgani yo‘q, — dedi. Shunda onasi xizmatchilarga: — U sizlarga nima desa, shuni qilinglar, — dedi. O‘sha yerda yahudiylarning poklanish marosimlarida ishlatiladigan oltita tosh xum bor edi. Har bir xum ichiga o‘n–o‘n ikki chelak suv sig‘ardi. Iso xizmatchilarga: — Xumlarni suvga to‘ldiringlar, — dedi. Ular xumlarni limmo–lim qilib suvga to‘ldirishdi. Iso ularga: — Endi xumdagi suvdan ozgina olib, to‘yboshiga olib boringlar, — dedi. Ular olib borishdi. To‘yboshi sharobga aylangan suvni tatib ko‘rdi. Bu sharobning qayerdan kelganligini u bilmas edi, faqat olib kelgan xizmatchilar bilishar edi. To‘yboshi kuyovni chaqirtirib, unga dedi: — Dasturxonga avval yaxshi sharob tortiladi. Mehmonlar ichib to‘yganlaridan keyin, yomonrog‘i tortiladi. Sen esa yaxshi sharobni shu paytgacha saqlab kelibsan! Bu Isoning qilgan birinchi mo‘jizasi edi. Iso bu mo‘jizali alomatni Jaliladagi Kana qishlog‘ida namoyish etib, O‘zining ulug‘vorligini zohir qildi. Shogirdlari Unga ishondilar. Shundan keyin Iso, onasi, ukalari va shogirdlari Kafarnahum shahriga bordilar va u yerda bir necha kun turdilar. Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashib qolgani uchun Iso Quddus shahriga bordi. Ma’bad hovlisiga kirganda, u yerda mol–qo‘y, kaptar sotayotganlarni va xontaxtalar yonida o‘tirgan sarroflarni ko‘rdi. Iso arqondan qamchi yasadi–da, Ma’baddan hammani mol–qo‘ylari bilan birga quvib chiqardi. Sarroflarning xontaxtalarini ag‘darib, pullarini sochib yubordi. Kaptar sotuvchilarga: — Bularni yo‘qotinglar bu yerdan! Otamning uyini bozor qilmanglar! — dedi. Shunda Uning shogirdlari Muqaddas Bitiklardagi: “Sening uyingga bo‘lgan sevgim ichimni yondirar”, degan so‘zlarni esladilar. — Bunday qilishga nima haqing bor?! Bordi–yu, haqing bo‘lsa, bironta alomat ko‘rsatib, buni isbot qil! — deb talab qila boshladi yahudiylar. Iso shunday javob berdi: — Mana bu Ma’badni buzinglar, Men uch kun ichida uni tiklayman. Bunga javoban yahudiylar dedilar: — Bu Ma’bad qirq olti yilda qurilgan, Sen esa uni uch kunda tiklamoqchimisan–a?! Holbuki, Iso Ma’bad deb O‘zining badanini nazarda tutgan edi. Iso o‘lib tirilgandan keyin, shogirdlari Uning bu gapini esladilar. Shunda Muqaddas Bitiklarga va Isoning so‘zlariga ishondilar. Iso Quddusda Fisih bayramida bo‘lganda, ko‘p odamlar Uning qilayotgan mo‘jizali alomatlarini ko‘rib, Unga imon keltirdilar. Ammo Iso odamlarning qanaqaligini bilgani uchun, O‘zini ularga ishonmas edi. Inson haqida Unga biron gap aytishning hojati yo‘q edi. Chunki inson dilida nima borligini U bilar edi. Yahudiy boshliqlaridan Nikodim ismli bir odam bor edi, u farziylar mazhabida edi. Bu odam bir kuni kechasi Isoning oldiga kelib, Unga dedi: — Ustoz! Siz Xudodan kelgan bir muallim ekanligingizni biz bilamiz. Agar Xudo siz bilan bo‘lmaganda edi, Siz bunday mo‘jizali alomatlarni qila olmas edingiz. Iso unga shunday javob berdi: — Sizga chinini aytay: qaytadan tug‘ilmagan bironta odam Xudoning Shohligini ko‘rolmaydi. — Keksa odam tug‘ila olarmidi?! U onasining qorniga qayta kirib, yana tug‘ila olmaydi–ku! — dedi Nikodim. Iso shunday javob berdi: — Sizga chinini aytay: suvdan va Ruhdan tug‘ilmagan bironta odam Xudoning Shohligiga kirolmaydi. Odam jismonan ota –onadan tug‘iladi, ruhan esa Muqaddas Ruhdan tug‘iladi. “Sizlar qaytadan tug‘ilishingiz kerak”, deganimga taajjublanmang. Ruh xuddi shamolga o‘xshaydi. Shamol istagan joyda esaveradi. Uning tovushini eshitasiz–u, lekin qaysi tomondan kelib, qaysi tomonga ketishini bilmaysiz. Ruhdan tug‘ilgan har bir kishida ham shunday bo‘ladi. — Bu qanday bo‘lishi mumkin? — deb so‘radi Nikodim. Iso unga shunday javob berdi: — Siz Isroilning ustozisiz–ku! Nahotki shuni bilmasangiz?! Sizga chinini aytay: biz bilganimizni so‘zlaymiz, ko‘rganimiz haqida shahodat beramiz. Lekin sizlar bizning shahodatimizni qabul qilmayapsizlar. Agar sizlar yerdagi narsalar haqida aytganlarimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar to‘g‘risida gapirganlarimga qanday ishonasizlar? Osmondan tushgan Inson O‘g‘lidan boshqa hech kim osmonga chiqqan emas. Muso sahroda bronza ilonni xodaga mahkamlab, qanday yuqoriga ko‘targan bo‘lsa, Inson O‘g‘li ham xuddi shunday yuqoriga ko‘tarilishi kerak. Shu tariqa imonga kelgan har bir kishi U orqali abadiy hayotga ega bo‘ladi. Zero, Xudo olamni shunchalik sevdiki, O‘zining yagona O‘g‘lini berdi. Toki Unga ishonganlardan birontasi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin. Xudo dunyoni hukm qilish uchun emas, balki O‘g‘li orqali qutqarish uchun Uni dunyoga yubordi. Unga ishongan odam hukm qilinmaydi. Unga ishonmagan odam esa allaqachon mahkum bo‘lgan, chunki u Xudoning yagona O‘g‘liga ishonmadi. Hukm shunday dalilga asoslangan: dunyoga nur keldi, ammo odamlar nurdan ko‘ra zulmatni yaxshi ko‘rdilar, chunki ularning qilmishlari yovuz edi. Qabihlik qilgan odam nurdan nafratlanadi. Qilmishlari fosh bo‘lmasligi uchun u nurdan qochadi. Haqiqat yo‘lini tutgan odam esa nurga keladi. Bunday odamning ishlari Xudo orqali qilinganligini nur hammaga ayon qiladi. Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Yahudiya hududiga bordi. Iso ular bilan bir qancha vaqt u yerda qolib, odamlarni suvga cho‘mdirdi. Yahyo ham Salim yaqinidagi Eynon yerida xalqni suvga cho‘mdirardi. U yer nihoyatda sersuv edi. Odamlar doim Yahyoning oldiga kelib, suvga cho‘mdirilardi. Bu hodisalar Yahyo zindonga tashlanishdan oldin yuz bergan edi. Shu mahal Yahyoning shogirdlari bilan bir yahudiy kishi orasida tahorat haqida bahs bo‘ldi. Ular Yahyoning oldiga borib dedilar: — Ustoz! Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘ida yoningizdagi bir Odam haqida guvohlik bergan edingiz–ku, o‘sha Odam xalqni suvga cho‘mdirib yuribdi, hamma Uning oldiga boryapti. Bunga javoban Yahyo dedi: — Agar osmondan berilmasa, inson hech narsa qila olmaydi. “Men Masih emasman, faqat Uning oldidan yuborilganman”, deb aytgan so‘zlarimga o‘zlaringiz guvohsizlar. Kelin kuyovga tegishlidir. Kuyov jo‘ra esa kuyov yonida turib, uning ovozini eshitganidan sevinib xursand bo‘ladi. Xuddi shunday men ham bugun benihoyat shodman. Masih yuksalishi, men esa pasayishim kerak. Yuqoridan kelgan Zot hammadan ustundir. Yerdan bo‘lgan odam yerga mansubdir va yerga xos masalalar to‘g‘risida gapiradi. Osmondan Kelgan esa hammadan ustundir. U ko‘rgani va eshitgani haqida guvohlik beradi, ammo hech kim Uning guvohligini qabul qilmaydi. Uning guvohligini qabul qilgan kishi esa Xudoning haqligini tasdiqlaydi. Xudo yuborgan Zot Xudoning so‘zlarini gapiradi. Zero, Xudo O‘z Ruhini Unga cheksiz–o‘lchovsiz beradi. Ota O‘g‘lini yaxshi ko‘radi, U hamma narsani O‘g‘lining qo‘liga topshirgan. Xudoning O‘g‘liga ishongan har bir odam abadiy hayotga ega bo‘ladi. O‘g‘ilni rad etgan odam esa hayot ko‘rmay, Xudoning g‘azabi ostida qoladi. [1-3] Iso Yahyodan ko‘ra ko‘proq shogird orttirib, suvga cho‘mdiryapti, degan xabar farziylarning qulog‘iga yetib bordi. Vaholanki, xalqni Isoning O‘zi emas, shogirdlari suvga cho‘mdirayotgan edilar. Bu xabar farziylarning qulog‘iga yetib borganini Iso eshitgach, Yahudiyani tark etib, yana Jalilaga yo‘l oldi. *** *** U yo‘lda Samariyadan o‘tishi kerak edi. Shunday qilib, U Samariyaning Sihar degan shahriga keldi. Bu shahar Yoqub o‘z o‘g‘li Yusufga bergan yerga yaqin edi. Yoqubning qudug‘i ham o‘sha yerda edi. Yo‘l yurib charchagan Iso quduqning yoniga o‘tirdi. Taxminan tush payti edi. Shu vaqt Samariyalik bir ayol suv olgani kelib qoldi. Iso unga: — Menga ichgani suv ber, — dedi. Isoning shogirdlari esa ovqat sotib olish uchun shaharga ketgan edilar. Samariyalik ayol Unga shunday dedi: — Siz yahudiy bo‘lsangiz, men esa Samariyalik ayol bo‘lsam, qanday qilib mendan suv so‘rashga jur’at etdingiz?! (Nega desangiz, yahudiylar Samariyaliklar bilan aloqa qilmaydilar.) Iso ayolga dedi: — Xudo senga qanday in’om bermoqchi ekanligini va sendan suv so‘ragan Odam kim ekanligini sen bilmaysan. Bilganingda edi, o‘zing Undan suv so‘ragan bo‘lar eding va U senga hayotbaxsh suvni bergan bo‘lardi. — Taqsir! — dedi ayol, — Sizda suv oladigan hech narsangiz yo‘q–ku, quduq esa chuqur. Hayotbaxsh suvingizni qayerdan olasiz? Bu quduqni bizga bobokolonimiz Yoqub bergan. Uning o‘zi ham, bolalari ham, chorvalari ham bu quduqdan suv ichgan. Nahotki Siz Yoqubdan ham ustun bo‘lsangiz?! Iso ayolga shunday javob berdi: — Bu suvdan kim ichsa, yana chanqab qoladi. Lekin Men beradigan suvdan kim ichsa, abadiy chanqamaydi. Men beradigan suv o‘sha odamning vujudida buloqqa aylanib, abadiy hayot sari jo‘shib oqadi. — Taqsir, bu suvdan menga ham bering. Men ham hech qachon chanqamayin, suv olgani bu yerga kelavermayin, — dedi ayol. — Borib, eringni bu yerga chaqirib kel, — dedi Iso. — Mening erim yo‘q, — dedi ayol. — Erim yo‘q, deb sen to‘g‘risini aytding, — dedi Iso. — Sening besh nafar ering bo‘lgan, hozirgisi ham ering emas. Sen to‘g‘risini aytding! — Hazrat, Siz payg‘ambar ekaningizni ko‘rib turibman, — dedi ayol. — Ota –bobolarimiz Xudoga bu tog‘da sajda qilar edilar. Ammo sizlar — yahudiylar esa Xudoga sajda qilinadigan joy Quddusda, deysizlar. Iso unga dedi: — Ey ayol, Menga ishongin, shunday vaqt keladiki, o‘shanda Otaga na bu tog‘da, na Quddusda sajda qilasizlar. Sizlar — Samariyaliklar kimga sajda qilayotganingizni bilmaysizlar, bizlar esa kimga sajda qilayotganimizni bilamiz. Chunki najot yahudiylardan keladi. Ammo shunday vaqtlar keladiki, haqiqiy sajda qiluvchilar Otaga Ruhda va haqiqatda sajda qiladilar. Bunday vaqt keldi ham! Ota shu yo‘sinda O‘ziga sajda qiluvchilarni izlaydi. Xudo Ruhdir, Unga sajda qiluvchilar ham Muqaddas Ruh boshchiligida, haqiqatni bilgan holda sajda qilishlari lozim. Ayol Isoga dedi: — Men Masih kelishini bilaman. U kelganda, hamma narsani bizga tushuntiradi. Iso ayolga dedi: — O‘sha Menman. Sen bilan gaplashib turibman. Shu paytda Isoning shogirdlari kelib qolishdi. Uning bir ayol bilan gaplashayotganini ko‘rib hayron bo‘lishdi. Lekin birortasi ham: “Nima xohlaysiz?” yoki: “Nimaga bu ayol bilan gaplashyapsiz?” — deb so‘ramadi. Ayol ko‘zasini o‘sha yerda qoldirdi–da, shaharga borib, odamlarga dedi: — Yuringlar, bir Odamni ko‘ringlar. U mening qilgan hamma ishlarimni aytib berdi! O‘sha Masih emasmikin? Odamlar shahardan chiqib, Isoning oldiga bordilar. Shu orada shogirdlari Isoga: — Ustoz, ovqat yeb oling, — deb taklif qildilar. Ammo Iso ularga dedi: — Mening yeydigan ovqatim bor, sizlar bu ovqat to‘g‘risida bilmaysizlar. Shogirdlari o‘zaro gaplashib: — Biron kishi Unga ovqat keltirganmikin? — deb aytishardi. Iso ularga dedi: — Mening ovqatim — Meni Yuborganning irodasini ado etish, Uning ishini tugatishdir. Sizlar: “Ekinlar to‘rt oyda yetiladi”, degan iborani ishlatasizlar. Men esa sizlarga aytaman: Ko‘zlaringizni ochinglar! Ekinzorlarga qaranglar! Hosil yetilgan, o‘rim–terimga tayyor bo‘lgan. O‘roqchi hozirdan yaxshi daromad olmoqda, abadiy hayot uchun hosil yig‘moqda. Toki hosilni ekkan va o‘rgan birga quvonishsin. “Biri ekadi, boshqasi o‘radi”, degan maqol shu vaziyatga to‘g‘ri keladi. Men sizlarni o‘zingiz mehnat qilib ekmagan hosilni o‘rgani yubordim. Boshqalar mehnat qilgan edilar, sizlar esa ularning mehnatidan foydalanasizlar. Shundan keyin o‘sha shaharda yashovchi talay Samariyaliklar Isoga imon keltirishdi. Ular haligi ayolning “U mening qilgan hamma ishlarimni aytib berdi”, degan guvohligiga ishongan edilar. Shunday qilib, Samariyaliklar Isoning oldiga kelib: “Biz bilan qoling”, deb Isoga yolvorishdi. Iso ikki kun o‘sha yerda qoldi. Isoning aytgan so‘zlari tufayli ko‘p odamlar imon keltirdi. Shunda ular ayolga dedilar: — Endi sening so‘zlaring tufayligina ishonayotganimiz yo‘q. Uni o‘zimiz ham eshitdik. U haqiqatan ham olamning Najotkori ekanligiga amin bo‘ldik. Ikki kundan keyin Iso u yerdan Jalilaga jo‘nab ketdi. U: “Payg‘ambar o‘z yurtida e’tibor topmaydi”, deb ta’kidlagandi. Jalilaga kelganda esa, aholi Uni ochiq chehra bilan kutib oldi. Chunki ular Fisih bayrami uchun Quddusga borganlarida, u yerda Isoning qilgan hamma ishlarini ko‘rgan edilar. Shunday qilib, Iso yana Jaliladagi Kana qishlog‘iga keldi. Bu yerda U suvni sharobga aylantirgan edi. O‘sha paytda Kafarnahum shahrida bir saroy amaldorining o‘g‘li kasal bo‘lib yotgan edi. Bu odam Isoning Yahudiyadan Jalilaga kelganligini eshitib, Uning oldiga bordi. Isoga: “Yuring, o‘lim to‘shagida yotgan o‘g‘limga shifo bering”, deb yolvordi. — Sizlar alomatu mo‘jizalar ko‘rmaguncha ishonmaysizlar! — dedi unga Iso. — Yura qoling Hazrat, o‘g‘ilginam o‘lib qolmasin! — dedi saroy amaldori Unga. — Siz boravering. O‘g‘lingiz sog‘–salomat, — dedi Iso. U odam Isoning aytganiga ishonib, jo‘nab ketdi. U hamon yo‘lda ekan, xizmatkorlari unga peshvoz chiqib: — O‘g‘lingiz sog‘–salomat, — degan xabar keltirdilar. — Qaysi soatda ahvoli yengillashdi? — deya so‘radi u. — Kecha tushda, soat birlarda isitmasi tushdi, — deyishdi xizmatkorlar. “O‘g‘lingiz sog‘–salomat”, degan so‘zlarni Iso aynan shu vaqtda aytganini bolaning otasi angladi. Shunda o‘zi va butun xonadoni Isoga imon keltirdi. Bu esa Isoning Yahudiyadan Jalilaga kelib ko‘rsatgan ikkinchi mo‘jizali alomati edi. Bu hodisalardan keyin Iso yahudiylarning bayramini nishonlash uchun Quddusga bordi. Quddusning Qo‘y darvozasi yonida bir hovuz bor edi. Bu hovuzning oromiycha nomi Baytzata bo‘lib, beshta ayvoni bor edi. [3-4] Bu ayvonlarda ko‘r, cho‘loq va shol bo‘lgan ko‘p nogironlar yotar edi. *** Bu yerda o‘ttiz sakkiz yildan beri nogiron bo‘lib yotgan bir kishi bor edi. Iso uning yotganini ko‘rdi, u uzoq vaqtdan beri xasta ekanligini Iso bilardi. Shuning uchun undan: — Sog‘ayishni istaysanmi? — deb so‘radi. Nogiron odam Isoga shunday javob berdi: — Taqsir, suv qimirlaganda meni hovuzga tushiradigan odam yo‘q. Men borgunimcha, boshqasi mendan oldin tushib oladi. Iso unga shunday dedi: — O‘rningdan tur! To‘shagingni olib, yur! O‘sha odam shu zahoti sog‘ayib ketdi. To‘shagini olib, yura boshladi. Bu hodisa Shabbat kuni sodir bo‘ldi. Shuning uchun yahudiylar sog‘ayib ketgan odamga deyishdi: — Bugun Shabbat kuni! Bugun to‘shakni ko‘tarib yurish qonunda man etilgan! U odam esa shunday javob berdi: — Meni sog‘aytirgan Kishi menga: “To‘shagingni olib yur”, deb aytdi. — “To‘shagingni olib yur”, deb aytgan Odam kim? — deb so‘radilar. Shifo topgan odam esa Uning kimligini bilmas edi, u yerda xalq ko‘pligidan Iso O‘zini chetga olgan edi. Keyinroq Iso u odamni Ma’badda uchratib qolib, unga dedi: — Mana, sen sog‘ayding. Endi gunoh qilma, tag‘in boshingga bundan battar kunlar kelmasin. Bu odam borib, uni sog‘aytirgan Iso ekanligini yahudiylarga aytdi. Ular esa, Isoni Shabbat kunida bunday ishlar qilib yurgani uchun quvg‘in qila boshladilar. Ammo Iso ularga shunday dedi: — Mening Otam shu kungacha O‘z ishini qilib kelyapti, Men ham O‘z ishimni qilyapman, — dedi. Ana shu so‘zi uchun yahudiylar Isoni o‘ldirishga yanada ko‘proq harakat qilishdi. Chunki U nafaqat Shabbat qoidalarini buzdi, balki Xudoni Otam deb, O‘zini Xudoga tenglashtirgan edi. Iso yahudiylarga shunday dedi: “Sizlarga chinini aytay: O‘g‘il O‘zidan O‘zi hech narsa qila olmaydi. Faqat Otasidan ko‘rgan ishlarni qiladi. Ota nimalarni qilsa, O‘g‘il ham xuddi shularni qiladi. Axir, Ota O‘g‘lini yaxshi ko‘radi, O‘zi qilgan hamma ishlarni O‘g‘liga ko‘rsatadi. U O‘g‘liga bundan ham buyukroq ishlarni ko‘rsatadi, shunda hammangiz hayron qolasizlar. Ota o‘liklarni tiriltirib, ularga hayot baxshida etganday, O‘g‘il ham istagan odamiga hayot baxsh etadi. Shuningdek, Ota hech kimni hukm qilmaydi, balki hukm qilish huquqini O‘g‘liga bergan, toki hamma Otani hurmat qilganday, O‘g‘lini ham hurmat qilsinlar. Kim O‘g‘ilni hurmat qilmasa, Uni yuborgan Otani ham hurmat qilmagan bo‘ladi. Sizlarga chinini aytay: Mening so‘zlarimni tinglagan va Meni Yuborganga ishongan kishi abadiy hayotga egadir. U hukm qilinmaydi. Zotan, u o‘limdan hayotga o‘tgan. Sizlarga chinini aytay: O‘liklar Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt keladi, kelib qoldi ham. O‘g‘ilning ovoziga quloq solganlar tiriladi. Zero, Otaning O‘zi hayot manbayi bo‘lgani kabi, O‘g‘liga ham hayot manbayi bo‘lish qudratini ato qildi. Bundan tashqari, Ota insonlarni hukm qilish hokimiyatini O‘g‘liga berdi, chunki U Inson O‘g‘lidir. Bunga hayron qolmanglar! Qabrda yotgan marhumlarning hammasi Inson O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt keladi. Shunda o‘liklar qabrlaridan chiqadilar: yaxshilik qilganlar yashash uchun tiriladi, yomonlik qilganlar esa mahkum bo‘lish uchun tiriladi.” “Men O‘zimdan O‘zim hech narsa qilolmayman. Otam Menga qanday aytsa, shunday hukm qilaman, shuning uchun hukmim to‘g‘ridir. Zotan, Men O‘z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini bajo keltirishni istayman. Agar Men O‘zim haqimda O‘zim guvohlik bersam, Mening guvohligim haqiqiy bo‘lmaydi. Ammo Men haqimda guvohlik beruvchi boshqasi bor. Uning bergan guvohligi haqiqat ekanligini bilaman. Sizlar Yahyoning oldiga odam yubordingizlar, u haqiqat to‘g‘risida guvohlik berdi. Garchi Men insonning guvohligiga muhtoj bo‘lmasam–da, lekin bularni sizlar najot topishingiz uchun aytyapman. Yahyo go‘yo yonib turib, nur sochgan bir chiroqday edi. Sizlar esa uning nurida birpas quvonmoqchi bo‘ldingizlar. Biroq, Men Yahyodan ko‘ra kattaroq guvohlikka egaman. Guvohlik deb, Men tugatishim uchun Otam bergan ishlarini nazarda tutyapman. Bularning hammasi Meni Otam yuborganidan dalolat beradi. Meni yuborgan Otamning O‘zi ham Men haqimda guvohlik berib turibdi. Sizlar esa hech qachon Uning ovozini eshitmagansiz, qiyofasini ham ko‘rmagansiz. Uning kalomi ham ko‘nglingizdan joy olmadi, chunki sizlar U yuborgan Zotga ishonmayapsizlar. Sizlar Muqaddas Bitiklarni tekshirasizlar, chunki ular orqali abadiy hayotga ega bo‘lamiz, deb o‘ylaysizlar. Ammo o‘sha Yozuvlar Men to‘g‘rimda guvohlik beradi–ku! Sizlar esa hayotga ega bo‘lish uchun oldimga kelishni istamaysizlar. Men insonlardan tahsin kutmayman. Lekin sizlarni bilaman, qalbingizda Xudoning sevgisi yo‘q. Men Otamning nomidan keldim, ammo sizlar Meni qabul qilmayapsizlar. Agar kimdir o‘z nomidan kelsa, uni qabul qilaverasizlar. Sizlar bir–biringizdan tahsinlar olishni yaxshi ko‘rasizlar, lekin yagona Xudoning tahsiniga sazovor bo‘lishga harakat qilmaysizlar. Qanday qilib ham Menga ishona olardingiz?! Men sizlarni Ota oldida ayblayman, deb o‘ylamanglar. Sizlar Musoga umid bog‘lagansiz. Musoning o‘zi sizlarni ayblaydi. Agar Musoga ishonganingizda edi, Menga ham ishongan bo‘lar edingizlar. Axir, u Men haqimda yozgan edi. Musoning yozuvlariga ishonmagan bo‘lsangiz, Mening so‘zlarimga qanday ishonasizlar?!” Shundan keyin Iso qayiqda Jalila ko‘lining narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tdi (Jalila ko‘lini Tiveriya ko‘li deb ham atashardi). Bir talay xaloyiq Isoning orqasidan ergashib borardi. Chunki Iso mo‘jizali alomatlar orqali xastalarni davolaganini ular ko‘rgan edilar. U shogirdlari bilan toqqa chiqib o‘tirdi. Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi. Iso qarasa, bir talay xaloyiq U tomonga kelayotgan ekan. Iso Filipdan: — Bu odamlarni to‘yg‘azish uchun qayerdan non sotib olamiz? — deb so‘radi. Iso bu gapni Filipni sinab ko‘rish uchun aytayotgan edi, aslida O‘zi nima qilishni bilar edi. Filip shunday javob berdi: — Bularning har biriga bir burda non berish uchun, ikki yuz kumush tangaga non sotib olsak ham yetmaydi! Shunda shogirdlaridan biri, Shimo‘n Butrusning ukasi Idris Isoga dedi: — Bu yerdagi bir bolada beshta arpa non bilan ikkita baliq bor ekan. Lekin shuncha odamga bu nima ham bo‘lar edi. — Odamlarni yerga o‘tqazinglar, — dedi Iso. U yer qalin maysazor edi. Odamlarning hammasi yerga o‘tirishdi. U yerda taxminan besh mingga yaqin erkak bor edi. Iso nonlarni olib, shukrona duosini o‘qidi. So‘ng o‘tirganlarning hammasiga tarqatdi. Baliqlarni ham xuddi shunday qildi. Odamlar istaganlaricha yedilar. Hammalari yeb to‘yganlaridan keyin, Iso shogirdlariga shunday dedi: — Ortib qolgan non burdalarini yig‘ib olinglar, isrof bo‘lmasin. Shogirdlar yeyilgan beshta arpa nondan ortib qolgan burdalarni yig‘ib olishdi, o‘n ikki savat to‘ldi. Shunda odamlar Isoning qilgan mo‘jizali alomatini ko‘rib: — Haqiqatan ham dunyoga kelishi kerak bo‘lgan payg‘ambar mana shu Kishi ekan, — dedilar. Iso odamlar Uni zo‘rlik bilan shoh qilib ko‘tarmoqchi ekanliklarini bilgani uchun, yana yolg‘iz O‘zi toqqa chiqib ketdi. Kechki payt Isoning shogirdlari ko‘l bo‘yiga bordilar. Qorong‘i tushgan, Iso esa hali ham ularning oldiga kelmagan edi. Shogirdlar qayiqqa tushib, ko‘lning narigi tomonidagi Kafarnahumga qarab yo‘l oldilar. Kuchli shamol esib, ko‘l to‘lqinlanib ketayotgan edi. Ular qirg‘oqdan besh chaqirimcha yo‘l suzganlaridan keyin, ko‘l yuzida yurib kelayotgan Isoni ko‘rishdi. U qayiqqa yaqinlashayotgan edi, shogirdlar qattiq vahimaga tushishdi. — Qo‘rqmanglar, bu Menman! — dedi ularga Iso. Ular Isoni qayiqqa olmoqchi bo‘ldilar. O‘sha zahoti qayiq ular borayotgan qirg‘oqqa yetib to‘xtadi. Ertasi kuni xalq Isoni qidira boshladi. Odamlar u yerda faqat bir qayiq borligini va shogirdlar Isoni qoldirib, o‘zlari qayiqda suzib ketganlarini bilishardi. Shu payt Tiveriyadan boshqa qayiqlar kelib qoldi. Qayiqlar to‘xtagan joy Rabbimiz Iso O‘z shukrona duosini o‘qigan va xalq non yegan yerga yaqin edi. Odamlar Iso bilan shogirdlarining u yerda yo‘qligini ko‘rgach, qayiqlarga tushib, Isoni qidirib Kafarnahumga suzib kelishdi. Ular Isoni ko‘lning narigi bo‘yidan topib, Undan so‘rashdi: — Ustoz, Siz qachon bu yerga keldingiz? Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlarga chinini aytayin: Sizlar alomatlarni ko‘rganingiz uchun emas, balki non yeb to‘yganingiz uchun Meni qidiryapsizlar. Siz o‘tkinchi ozuqa uchun emas, abadiy hayotga boshlovchi boqiy ozuqa uchun harakat qilinglar. Bunday ozuqani sizlarga Inson O‘g‘li beradi. Zotan, Otamiz Xudoning O‘zi bu vazifa uchun Uni ma’qul deb topdi. Odamlar Isoga shunday savol berishdi: — Xudoga ma’qul ishlarni bajarish uchun nima qilishimiz kerak? Iso dedi: — Xudoga ma’qul ish qilmoqchi bo‘lsangizlar, Xudo yuborgan Zotga ishoninglar. Ular Isoga javoban shunday dedilar: — Sizga ishonishimiz uchun birorta alomat ko‘rsating. Qani, biz uchun nima ish qilasiz? Axir, ota –bobolarimiz sahroda manna yeganlar. Muqaddas Bitiklarda: “Xudo ularga tanovul qilishlari uchun osmondan non berdi”, deb yozilgan–ku. Iso ularga dedi: — Sizlarga chinini aytayin, sizlarga osmondan non bergan Muso emas. Osmondan tushgan haqiqiy nonni sizlarga Mening Otam beradi. Xudo beradigan non osmondan tushib, dunyoga hayot baxsh etadi. Odamlar Isoga shunday dedilar: — Hazrat, bunday nonni bizga doim berib turing! Iso javoban dedi: — Men hayot noniman. Mening oldimga kelgan odam sira och qolmaydi, Menga ishongan odam hech qachon chanqamaydi. Ammo Men sizlarga aytganimday, sizlar Meni ko‘rgan bo‘lsangizlar ham, ishonmayapsizlar. Otam Menga bergan har bir odam Mening oldimga keladi. Oldimga kelgan bironta odamni Men aslo haydab yubormayman. Men O‘z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini ado etish uchun osmondan tushganman. Otamning irodasi shundan iboratki, U Menga bergan birontasining yo‘qolishiga Men yo‘l qo‘ymasligim kerak, balki oxiratda ularning hammasini tiriltirishim kerak. Ha, O‘g‘ilga ko‘z tikkan va Unga ishongan har bir odam abadiy hayotga ega bo‘lishi Otamning irodasidir. Men bunday odamlarni oxiratda tiriltiraman. Iso: “Men osmondan tushgan nonman”, degani uchun yahudiylar Undan norozi bo‘la boshlashdi. Ular o‘zaro shunday deb aytishardi: — Bu Yusufning o‘g‘li Iso–ku! Ota–onasini tanisak, qanday qilib: “Men osmondan tushdim”, deb aytishga haddi sig‘di?! — Bunday gaplaringizni bas qilinglar! — dedi ularga Iso. — Agar Meni yuborgan Ota birovni jalb qilmasa, u Menga kelolmaydi. Oldimga kelgan odamni esa Men oxiratda tiriltiraman. Payg‘ambarlar bitiklarida: “Ularning hammasiga Xudo ta’lim beradi”, deb yozilgan. Otaga quloq solgan, Undan o‘rgangan har bir odam Mening oldimga keladi. Aslida hech kim hech qachon Otani ko‘rgan emas, birgina Xudodan bo‘lgan Zot Otani ko‘rgan. Sizlarga chinini aytaman: Kim Menga ishonsa, abadiy hayotga ega bo‘ladi. Men hayot noniman. Ota–bobolaringiz sahroda manna yegandilar, shunga qaramay o‘lib ketdilar. Ammo osmondan tushadigan bu non esa shunday xislatga egaki, undan yegan odam o‘lmaydi. Men osmondan tushgan hayotbaxsh nondirman. Bu nonni yegan kishi abadiy yashaydi. Dunyoga hayot baxshida etish uchun beradigan nonim Mening tanamdir. Shunda yahudiylar: — U qanday qilib bizga O‘zining tanasini yedira olar ekan? — deb o‘zaro talashib–tortisha boshladilar. Iso ularga dedi: — Sizlarga chinini aytaman: agar Inson O‘g‘lining tanasini yemasangizlar va Uning qonini ichmasangizlar, sizda hayot bo‘lmaydi. Mening tanamni yegan va qonimni ichgan odam esa abadiy hayotga egadir. Men uni oxiratda tiriltiraman. Mening tanam — haqiqiy ozuqa, qonim haqiqiy ichimlikdir. Tanamni yeb, qonimni ichadigan odam Menda, Men esa unda yashayman. Modomiki Meni barhayot Ota yuborgan ekan, Men Ota tufayli yashayman. Mening tanamni yegan har bir odam esa Men tufayli yashaydi. Osmondan tushgan non mana shudir. Bu non ota–bobolaringiz yegan mannaga o‘xshamaydi, ular manna yeb o‘lib ketganlar. Men bergan nonni yegan odam esa abadiy yashaydi. Iso bu so‘zlarni Kafarnahumdagi sinagogada ta’lim berayotganda aytgan edi. Uning ko‘plab shogirdlari bu gaplarni eshitib: — Qanday qattiq so‘zlar! Buni kim hazm qila oladi?! — deyishar edi. Shogirdlarining norozi bo‘lganliklarini Iso bilardi, shuning uchun U shunday dedi: — Gaplarim jig‘ingizga tegyaptimi? Agar sizlar Inson O‘g‘lining asli kelgan joyi — osmonga ko‘tarilib ketayotganini ko‘rsangizlar, nima der ekansizlar–a?! Xudoning Ruhi hayot baxsh etadi, inson kuchi bilan esa hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Sizlarga aytgan bu so‘zlarimni Menga Xudoning Ruhi bergan, bu so‘zlarim sizlarga hayot ato qiladi. Shunga qaramay, orangizda Menga ishonmaganlar bor. Holbuki, Iso kimlar ishonmaganini va kim Unga xiyonat qilishini oldindan bilar edi. Iso gapida davom etib dedi: — Shu sababdan Men sizlarga: “Ota yo‘l qo‘ymasa, hech kim Mening oldimga kelolmaydi”, — degan edim. O‘sha vaqtdan boshlab ko‘p shogirdlar Isodan yuz o‘girib, Unga ergashmaydigan bo‘ldilar. Shunda Iso o‘n ikki shogirdidan: — Sizlar ham ketmoqchisizlarmi? — deb so‘radi. Shimo‘n Butrus shunday javob berdi: — Hazrat, biz Sizdan boshqa kimga ham borar edik?! Abadiy hayot baxsh etuvchi so‘zlar Sizda–ku! Biz ishonib bilamizki, Siz Xudoning Azizisiz. Iso ularga dedi: — Men o‘n ikkitangizni tanlab oldim. Lekin biringiz iblisdir! U Shimo‘n Ishqariyotning o‘g‘li Yahudoni nazarda tutgan edi. Yahudo o‘n ikki shogirddan biri bo‘lsa ham, keyinchalik Isoga xiyonat qildi. Shundan keyin Iso Jalilani keza boshladi. U Yahudiyani kezishni xohlamagan edi, chunki u yerdagi yahudiylar Uni o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Yahudiylarning Chayla bayrami yaqinlashayotgan edi. Ukalari Isoga shunday deyishdi: — Bu yerdan chiqib Yahudiyaga boring. Qilayotgan ishlaringizni shogirdlaringiz ham ko‘rishsin. Mashhur bo‘laman, degan bironta odam yashirincha ish qilmaydi–ku! Bunday ishlarni qilar ekansiz, O‘zingizni dunyoga taniting! Hatto ukalari ham Unga ishonmas edilar. Iso ukalariga shunday dedi: — Mening vaqt–soatim hali kelgani yo‘q. Lekin sizlar uchun har vaqt qulaydir. Dunyo sizlardan nafratlana olmaydi, lekin Mendan nafratlanadi. Chunki Men uning qilmishlari yomon ekanligini yuziga solaman. Mayli, sizlar bayramga boringlar. Men bu bayramga bormayman, chunki Mening vaqtim hali kelgani yo‘q. Shu so‘zlarni aytib, Iso Jalilada qoldi. Isoning ukalari bayramga ketganlaridan keyin, Isoning O‘zi ham hech kimga bildirmay, yashirincha bayramga bordi. Yahudiylar esa Isoni bayramda qidirar, “U qayoqda?” deb so‘rar edilar. Omma orasida Iso to‘g‘risida har xil gap–so‘zlar yoyilgan edi. Ba’zilar: “U yaxshi Odam”, — desalar, boshqalar: “Yo‘q, U xalqni yo‘ldan ozdiryapti”, — deyishardi. Biroq yahudiylardan qo‘rqqanlari uchun U haqda hech kim ochiq gapirmas edi. Bayramning yarmi o‘tganda, Iso Ma’badga kirib, ta’lim bera boshladi. Uni eshitgan yahudiylar hayron qolib deyishdi: — Bu Odam o‘qimagan bo‘lsa, qayerdan shuncha narsani biladi?! Iso ularga javoban dedi: — Mening ta’limotim O‘zimniki emas, balki Meni Yuborgannikidir. Kim Xudoning irodasini bajarishni istasa, bu ta’limotim Xudodanmi yoki O‘zimdanmi, bilib oladi. Kim o‘z nomidan gapirsa, o‘ziga shuhrat izlaydi. Kim uni yuborganga shuhrat izlasa, haqiqatni so‘zlaydi, uning dilida hiyla bo‘lmaydi. Qonunni sizlarga Muso berdi, shunday emasmi? Ammo birortangiz qonunni bajarmaysizlar. Nega Meni o‘ldirmoqchisizlar? — Seni jin uribdi! Kim Seni o‘ldirmoqchi ekan? — dedi xaloyiq. Iso javob berib dedi: — Men Shabbat kuni bitta mo‘jiza qilganim uchun hammalaringiz hayron qolyapsizlar. O‘zlaringiz esa, Musoning qonuniga amal qilaylik, deb Shabbat kuni o‘g‘il bolani sunnat qilasizlar–ku! Aslida, sunnat odati Musodan emas, Ibrohim davridan qolgan. Musoning Qonuni buzilmasin deb, sizlar hatto Shabbat kuni ham o‘g‘il bolani sunnat qilsangizlar, nega Mendan g‘azablanasizlar?! Shabbat kuni odamni butunlay sog‘aytirganim uchunmi?! Yuzaki hukm qilmanglar, hukmingiz adolatli bo‘lsin. Ba’zi quddusliklar shunday deyishardi: — O‘ldirishmoqchi bo‘lgan Odam shu emasmi? Mana, U hammaning oldida so‘zlayapti, Unga qarshi hech kim hech narsa demayapti. Nahotki boshliqlar Uni Masih, deb tan olishgan bo‘lsa?! Ammo bu Odamning qayerdanligini hammamiz bilamiz, Masih kelganda esa, Uning qayerdanligini hech kim bilmaydi. Iso Ma’badda ta’lim berar ekan, baland ovozda shunday dedi: — Ha, sizlar Mening kimligimni ham, qayerdanligimni ham bilasizlar. Lekin Men O‘zimcha kelganim yo‘q. Meni Yuborgan bor, sizlar esa Uni tanimaysizlar. U haqdir. Men Uni bilaman, chunki Men Uning oldidan kelganman, U Meni yuborgan. Bu gapi uchun Isoni qo‘lga olmoqchi bo‘ldilar. Biroq hech kim Unga qo‘l tekkizmadi, chunki Uning vaqt–soati hali kelmagan edi. Shu bilan birga, xalq orasidagi ko‘p odamlar Unga imon keltirdi. Ular: — Masih kelsa ham, baribir bunchalik ko‘p mo‘jizali alomatlar ko‘rsata olmaydi! — deyishardi. Odamlar Iso to‘g‘risida shunday deb pichirlashayotganini farziylar eshitib qolishdi. Shunda bosh ruhoniylar bilan farziylar Isoni qo‘lga olish uchun mirshablarni yuborishdi. Iso dedi: — Men sizlar bilan qisqa bir muddat bo‘lib, yana Meni Yuborganning oldiga qaytib boraman. Sizlar Meni izlaysiz–u, lekin topolmaysizlar. Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar. Buni eshitgan yahudiylar o‘zaro shunday deb aytishardi: — U qayerga bormoqchi, biz Uni topolmas ekanmiz? Balki U boshqa yurtlarda yashaydigan yahudiylar orasiga bormoqchidir?! G‘ayriyahudiylarga ham ta’lim bermoqchidir?! “Sizlar Meni izlaysiz–u, lekin topolmaysizlar, Men boradigan joyga, sizlar borolmaysizlar”, degan gaplari bilan nima aytmoqchi ekan?! Bayramning oxirgi, ulug‘ kunida Iso turib, baland ovozda xitob qildi: — Kim chanqagan bo‘lsa, Mening oldimga kelib ichsin. Shunda Muqaddas Bitiklarda aytilganidek, Menga ishongan odamning ichidan hayotbaxsh suv daryo bo‘lib oqib chiqadi. Iso shunday deganda, Muqaddas Ruhni nazarda tutgan edi. Unga ishonganlar Ruhni qabul qilib olishlari kerak edi. Lekin Ruh hanuz berilmagan edi, chunki Iso hali ulug‘lanmagan edi. Olomon ichidan ba’zilari bu so‘zlarni eshitib shunday dedilar: — Haqiqatan ham bu Odam biz kutgan payg‘ambar ekan. Boshqalari: — Bu Masih, — deyishsa, yana boshqalari shunday deyishardi: — Masih Jaliladan kelmaydi–ku! Muqaddas Bitiklarda, Masih Dovudning urug‘idan kelib chiqadi, U Dovud yashagan Baytlahm qishlog‘ida tug‘iladi, deb aytilmaganmi?! Shu tariqa Iso tufayli xalq ikkiga bo‘lindi. Ba’zilar Uni qo‘lga olmoqchi bo‘lishdi, ammo hech kim Unga qo‘l tekkizmadi. Shu payt mirshablar bosh ruhoniylarning va farziylarning oldiga qaytib kelishdi. — Nega Uni olib kelmadinglar? — deb so‘rashdi ulardan. — Hech kim hech qachon bu Odamday gapirmagan, — dedi mirshablar. — Mabodo U sizlarni ham yo‘ldan urmadimi? — deyishdi farziylar. — Boshliqlar bilan farziylar orasida Unga ishongan bironta odam ham yo‘q! Tavrotni bilmagan o‘sha qalang‘i–qasang‘ilar esa shundoq ham la’nat ostida qolgan! Shunda farziylardan biri, ilgari Isoning oldiga borgan Nikodim shunday savol berdi: — Qonunimizga ko‘ra, biz odamni eshitmay turib, aybini topmasdan uni hukm qila olamizmi?! — Sen ham Jaliladan bo‘lsang kerak–a? Muqaddas Bitiklarni o‘rganib chiq, Jaliladan payg‘ambar chiqmasligi aniq, — deyishdi unga. Shundan keyin hammalari uy–uylariga tarqalib ketdilar. Iso Zaytun tog‘i tomon ketdi. Saharda yana Ma’badga qaytdi. Butun xalq Uning oldiga yig‘ilib keldi, U esa o‘tirib, odamlarga ta’lim bera boshladi. Shu orada Tavrot tafsirchilari bilan farziylar bir ayolni olib kelishdi. Ular bu ayolni zino qilayotganda ushlab olishgan edi. Ayolni hammaning oldiga turg‘izib, shunday deyishdi: — Ustoz! Bu ayol zino qilayotganda ushlandi. Muso Tavrotda bunday ayollarni toshbo‘ron qilishni buyurgan. Siz nima deysiz? Bu savol bilan ular Isoni tuzoqqa ilintirib, ayblashga asos topmoqchi edilar. Iso esa engashib barmog‘i bilan yerga yoza boshladi. Ular bu savolni qayta–qayta so‘rayverganlari uchun, Iso o‘rnidan turib dedi: — Sizning orangizda kim begunoh bo‘lsa, o‘sha birinchi bo‘lib ayolga tosh otsin. So‘ng yana engashib, yerga yozishni davom ettirdi. Ular bu gapni eshitib, kattalardan boshlab hammasi birin–ketin keta boshlashdi. Oxirida yolg‘iz Iso bilan Uning oldida turgan ayol qoldi. Iso o‘rnidan turib ayolga dedi: — Ey ayol, boshqalar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi? — Hech kim, Hazrat! — deb javob berdi ayol. Iso dedi: — Men ham seni mahkum qilmayman. Bor, bundan keyin boshqa gunoh qilma. Iso yana xalqqa gapirib dedi: — Men olamning nuriman. Kimki Menga ergashsa, hech qachon zulmatda yurmaydi, balki hayot nuriga ega bo‘ladi. Farziylar Isoning bu gapiga e’tiroz bildirib dedilar: — Siz O‘zingizga O‘zingiz guvohlik beryapsiz. Bu guvohligingiz haqqoniy emas. Iso shunday javob berdi: — Men O‘zimga O‘zim guvohlik bersam ham, guvohligim haqqoniydir. Chunki Men qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilaman. Sizlar esa Mening qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilmaysizlar. Sizlar insoniy o‘lchov bilan hukm qilasizlar. Men esa hech kimni hukm qilmayman. Bordi–yu, Men hukm qilsam ham, hukmim haqqoniydir. Chunki Men O‘zim emas, balki Meni yuborgan Ota bilan birga hukm qilaman. O‘zlaringizning Tavrotingizda: “Ikki guvohning shahodati haqqoniydir”, deb yozilgan–ku. Shunday ekan, bitta guvoh Menman, ikkinchisi Meni yuborgan Otadir. Shunda ular Isodan: — Otangiz qayerda? — deb so‘radilar. U bunga javoban dedi: — Sizlar Meni ham, Otamni ham tanimaysizlar. Agar Meni taniganingizda edi, Otamni ham tanigan bo‘lar edingizlar. Bu so‘zlarni Iso Ma’badda ta’lim berayotib, sadaqa qutisining oldida aytdi. Hech kim Uni qo‘lga olmadi, chunki Uning vaqt–soati hali kelmagan edi. Iso ularga yana dedi: — Men ketyapman. Sizlar Meni qidirasizlar va gunohkor bo‘lib o‘lasizlar. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar. — Nahotki U O‘zini O‘zi o‘ldirsa? “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”, deb aytyapti–ku, — deyishdi o‘zaro yahudiylar. Iso ularga shunday dedi: — Sizlar bu dunyodansizlar, Men esa yuqoridanman. Sizlar bu olamga mansubsizlar, Men esa bu olamdan emasman. Shuning uchun sizlarga “Gunohkor bo‘lib o‘lasizlar”, deb aytdim. Ha, agar O‘sha Men ekanligimga ishonmasangizlar, gunohkor bo‘lib o‘lasizlar. — Siz kimsiz? — deb so‘rashdi Isodan. Iso shunday dedi: — Kimligimni sizlarga boshidan aytib kelyapman–ku! Sizlarni ayblab aytadigan gapim juda ko‘p. Lekin Meni Yuborgan haqdir, Men Undan nima eshitgan bo‘lsam, o‘shani dunyoga ma’lum qilaman. Ular esa Iso O‘z Otasi haqida gapirayotganini tushunmadilar. Iso so‘zida davom etdi: — Inson O‘g‘lini yuqoriga ko‘targaningizda, O‘sha Men ekanligimni bilib olasizlar. O‘shanda Men O‘zimcha hech narsa qilmaganimni, faqat Otam o‘rgatgan narsalarni aytganimni tushunib olasizlar. Meni Yuborgan doim Men bilan birgadir. U Meni yolg‘iz tashlab ketmagan. Zero, Men har doim Unga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilaman. Isoning aytgan gaplarini eshitgan ko‘p odamlar Unga imon keltirdilar. Shu vaqt Iso Unga ishongan yahudiylarga dedi: — Agar Mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim bo‘lasizlar. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozod qiladi. Ular shunday deb javob berishdi: — Biz Ibrohim naslimiz. Hech qachon hech kimga qul bo‘lmaganmiz. Qanday qilib siz “Ozod bo‘lasizlar”, deb aytyapsiz? Iso dedi: — Sizlarga chinini aytayin: Gunoh qiluvchi har bir kishi gunohning qulidir. Qul hech qachon xonadon a’zosi bo‘la olmaydi, o‘g‘il esa abadulabad o‘z xonadonining a’zosidir. Shunday ekan, agar O‘g‘il sizlarni ozod qilsa, haqiqatan ozod bo‘lasizlar. Ibrohim nasli ekanligingizni bilaman. Biroq Mening jonimga qasd qilmoqchisizlar. Chunki Mening so‘zim qalbingizdan joy topmagan. Men Otaning huzurida nima ko‘rgan bo‘lsam, o‘shani sizlarga aytyapman. Sizlar esa o‘z otangizdan o‘rganganingizni qilyapsizlar. Ular Isoga shunday javob berdilar: — Bizning otamiz Ibrohimdir. Iso shunday dedi: — Agar Ibrohimning farzandlari bo‘lganingizda edi, Ibrohimning qilgan ishlarini qilgan bo‘lar edingizlar. Men sizlarga Xudodan eshitgan haqiqatni so‘zlab berdim, xolos. Shunday bo‘lsa–da sizlar Meni o‘ldirmoqchisizlar. Ibrohim bunday ish qilmagan. Sizlar Ibrohimning emas, o‘z otangizning ishlarini qilyapsizlar. — Iye, biz zinodan tug‘ilmaganmiz. Bizning bittayu bitta Otamiz — Xudoning O‘zi–ku! — deb javob berishdi Isoga. Iso ularga shunday dedi: — Agar Otangiz Xudo bo‘lganda edi, Meni yaxshi ko‘rgan bo‘lar edingiz, chunki Men Xudodan kelib, endi shu yerda turibman. Men O‘zimcha kelganim yo‘q, Meni U yubordi. Nega aytganlarimni anglamayapsizlar?! Bunga sabab — so‘zlarimni hazm qila olmaganingiz. Sizlarning otangiz Xudo emas, iblisdir. Sizlar o‘z otangizning nafsu ehtiroslarini bajo qilishni xohlaysizlar. Azaldanoq iblis qotil edi. U hech qachon haqiqat tarafdori bo‘lmagan, chunki unda haqiqat yo‘q. U yolg‘on so‘zlaganda, o‘ziga xos so‘zlaydi. Chunki u yolg‘onchi, yolg‘onning otasidir. Ammo Men haqiqatni gapirganim uchun, Menga ishonmayapsizlar. Qaysi biringiz Meni biron gunohda ayblay olasiz? Agarda haqiqatni gapirayotgan bo‘lsam, nega Menga ishonmayapsizlar? Kim Xudoga tegishli bo‘lsa, Xudoning so‘zlariga quloq soladi. Sizlar esa Xudoga begona bo‘lganingiz uchun, quloq solmayapsizlar. Bunga javoban yahudiylar shunday dedilar: — Siz Samariyaliksiz–ku, Sizni jin uribdi, deb to‘g‘ri aytgan ekanmiz! Iso dedi: — Meni jin urgani yo‘q. Men Otamni hurmat qilaman. Sizlar esa Meni beobro‘ qilyapsizlar. Men O‘zimga obro‘ orttirmoqchi emasman. Lekin obro‘yimni ko‘taradigan bor, Uning O‘zi hukm qiladi. Sizlarga chinini aytayin: kim Mening so‘zimga rioya qilsa, hech qachon o‘lim ko‘rmaydi. Shunda yahudiylar dedilar: — Sizni jin urganini endi aniq bilib oldik! Ibrohim o‘ldi, payg‘ambarlar ham o‘lib ketishgan. Siz esa: “Kim Mening so‘zimga rioya qilsa, hech qachon o‘lmaydi”, deyapsiz–a?! Nahotki Siz vafot etgan otamiz Ibrohimdan ham ustun bo‘lsangiz?! Payg‘ambarlar ham o‘lib ketishgan–ku! Siz O‘zingizni kim deb hisoblaysiz o‘zi?! Iso shunday javob berdi: — Agar Men O‘zimni O‘zim maqtasam, maqtovlarim behudadir. Otamning O‘zi Meni maqtaydi. Sizlar Uni Xudoyimiz deb ataysizlar, aslida esa Uni tanimaysizlar. Men esa Uni bilaman. Agar, Uni bilmayman, desam, sizlarga o‘xshagan yolg‘onchi bo‘laman. Men Uni bilaman va Uning so‘ziga rioya qilaman. Otangiz Ibrohim kelgan kunimni kutib, xursand bo‘lgan edi. O‘sha kunni ko‘rib, qattiq quvondi. — Siz hali ellik yoshga to‘lmagan bo‘lsangiz, qanday qilib Ibrohimni ko‘rgansiz?! — deyishdi yahudiylar Unga. Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlarga chinini aytay: Ibrohim tug‘ilmasidan oldin Men bor bo‘lganman. Shunda Isoni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘ldilar. Iso esa yashirincha Ma’baddan chiqib ketdi. Iso yo‘lda ketayotib, bir tug‘ma ko‘r odamni ko‘rib qoldi. Shogirdlari Isodan so‘radilar: — Ustoz, kimning gunohi uning ko‘r bo‘lib tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi? O‘zinikimi yoki ota –onasinikimi? Iso shunday javob berdi: — Bu odamning gunohi ham, ota–onasining gunohi ham bunga sabab bo‘lmagan. Xudoning ishlari unda namoyon bo‘lishi uchun u ko‘r tug‘ilgan. Kun yorug‘ ekan, Meni Yuborganning ishlarini qilishimiz lozim. Ana tun kelyapti, o‘shanda hech kim ish qila olmaydi. Men olamda bor ekanman, olamning nuridirman. Iso bularni aytdi–yu, yerga tupurdi, tupukdan loy qilib, ko‘rning ko‘zlariga surtdi. So‘ng unga shunday dedi: — Borib, Siloam hovuzida yuvingin (Siloam — “Yuborilgan” demakdir). Ko‘r odam borib yuvindi va ko‘ra oladigan bo‘lib qaytdi. Shunda uning qo‘shnilari va ilgari uning sadaqa so‘raganini ko‘rgan odamlar: — Bu haligi tilanchilik qilib o‘tirgan odam emasmi? — deb so‘rashardi. Ba’zilar: — Bu xuddi o‘sha, — desalar, boshqalar: — Yo‘q, o‘shanga o‘xshaydi, xolos, — deyishardi. Odamning o‘zi esa: — O‘sha menman, — deb ta’kidlardi. — Unday bo‘lsa, ko‘zlaring qanday ochildi? — deb so‘radilar. — Iso degan Kishi loy qilib, ko‘zlarimga surtdi–yu, “Borib, Siloam hovuzida yuvingin”, dedi. Men borib yuvindim va ko‘radigan bo‘lib qoldim, — dedi shifo topgan ko‘r. — O‘sha Odam qani? — deb so‘radilar. — Bilmayman, — deb javob berdi u. Ilgari ko‘r bo‘lgan o‘sha odamni farziylarning oldiga keltirishdi. [14-15] Farziylar ham bu odamdan ko‘zlari qanday ochilganini so‘radilar. — U ko‘zlarimga loy surtdi. Men yuvindim–u, ko‘zlarim ko‘radigan bo‘ldi, — dedi haligi odam. Iso loy qilib, ko‘rning ko‘zlarini ochgan kun Shabbat kuni edi. Shuning uchun *** farziylardan ba’zilari: — Ko‘zlaringni ochgan Odam Xudodan emas, chunki U Shabbat kuniga rioya qilmayapti, — dedilar. Boshqalari esa: — Gunohkor odam bunday mo‘jizali alomatlarni qanday qila oladi? — deyishdi. Shunday qilib, oralarida kelishmovchilik paydo bo‘ldi. Shunda farziylar ko‘r odamdan yana so‘radilar: — U Kishi haqida sen nima deysan? U sening ko‘zlaringni ochdi–ku! — U payg‘ambar, — deb javob berdi ko‘r. Biroq yahudiylar ko‘zlari ochilgan odamning ota–onasini chaqirtirmaguncha, uning ilgari ko‘r bo‘lganiga va ko‘zlari ochilganiga ishonmadilar. Ular ko‘rning ota–onasiga shunday savol berdilar: — Ko‘r tug‘ilgan, deb aytgan o‘g‘lingiz shumi? Xo‘sh, endi qanday qilib uning ko‘zlari ko‘ryapti? Ota–onasi javob berishdi: — Bu bizning o‘g‘limiz ekanligini bilamiz. Uning ko‘r tug‘ilganini ham bilamiz. Lekin qanday qilib ko‘zlari ko‘rayotganini va ko‘zlarini kim ochganini biz bilmaymiz. U balog‘atga yetgan, o‘zidan so‘ranglar. O‘zi uchun o‘zi javob bersin. Ko‘rning ota–onasi yahudiylardan qo‘rqqanlari uchun shunday dedilar. Din arboblari bundan avval, kim Isoning Masihligini tan olsa, sinagogadan chetlashtirilsin, deb qaror qilgan edilar. Ana shu sababdan ko‘rning ota–onasi: “U balog‘atga yetgan, o‘zidan so‘ranglar”, — deb aytishgandi. Shunday qilib, ilgari ko‘r bo‘lgan odamni ikkinchi marta chaqirib, deyishdi: — Rostini aytaman, deb Xudoning nomi bilan qasam ich! Biz u Odamning gunohkorligini bilamiz. Ko‘r shunday javob berdi: — U gunohkormi, yo‘qmi, men bilmayman. Shuni bilamanki, men ko‘r edim, endi esa ko‘zlarim ko‘ryapti. — U senga nima qildi? Ko‘zlaringni qanday ochdi? — deb undan so‘radilar. — Sizlarga aytib berdim–ku, ammo sizlar quloq solmadingizlar! Nega buni yana eshitmoqchisizlar?! Nahotki sizlar ham Uning shogirdlari bo‘lmoqchisizlar?! — dedi u odam. Yahudiylar esa uni haqoratlab, deyishdi: — Sen o‘zing Uning shogirdisan! Biz esa Musoning shogirdlarimiz! Musoga Xudo gapirganini bilamiz. Bu Kishi–chi, Uning qayerdanligini ham bilmaymiz. Ko‘zi ochilgan odam shunday javob berdi: — Ana shunisi juda ajablanarli–da! Sizlar Uning qayerdanligini bilmaysizlar, U esa ko‘zlarimni ochgan! Gunohkorlarga Xudo quloq solmasligini bilamiz. Uning irodasiga amal qilgan taqvodorlarga esa Xudo quloq soladi. Tug‘ma ko‘rning ko‘zlarini biror kishi ochganligi hayotda eshitilmagan gap. Agar U Kishi Xudodan bo‘lmaganda edi, hech narsa qilolmasdi. Yahudiylar bunga javoban: — Sen butunlay gunoh ichida tug‘ilgansan, endi bizga aql o‘rgatyapsanmi?! — deyishdi–da, uni sinagogadan haydab chiqarishdi. O‘sha odamning haydab chiqarilganligini Iso eshitdi–yu, uni qidirib topdi. — Sen Inson O‘g‘liga ishonasanmi? — deb so‘radi undan. U odam esa Isoga dedi: — Hazrat, U kimdirki, men Unga ishonsam? — Uni ko‘rib turibsan, U bilan gaplashib turibsan, — dedi Iso. Shunda u odam: — Ishonaman, yo Rabbiy, — dedi–da, Isoga sajda qildi. Iso: — Ko‘rlar ko‘rsin, ko‘zi ochiqlar esa ko‘r bo‘lsin, deb Men bu dunyoni hukm qilgani kelganman, — dedi. Uning atrofida ba’zi farziylar turgan edi. Ular bu gapni eshitgach: — Nahotki bizlar ham ko‘r bo‘lsak? — deb so‘rashdi. Iso ularga dedi: — Agar ko‘r bo‘lganingizda, gunohda ayblanmas edingiz. Lekin sizlar “Ko‘zlarimiz ko‘ryapti”, deganingiz uchun, gunohingiz o‘z bo‘yningizda qoladi. “Sizlarga chinini aytayin: kim qo‘y qo‘rasiga eshikdan kirmay, boshqa yo‘ldan oshib tushsa, u o‘g‘ri va bosqinchidir. Eshikdan kirgan odam esa qo‘ylarning cho‘ponidir. Qorovul unga eshikni ochib beradi. Qo‘ylar uning ovoziga quloq soladi. U esa o‘z qo‘ylarini nomma–nom chaqirib tashqariga olib chiqadi. U o‘z qo‘ylarini qo‘radan olib chiqqanda, ularning oldida boraveradi. Qo‘ylar esa unga ergashadi, chunki ular cho‘ponning ovozini biladilar. Begona kishiga esa ergashmaydilar. Aksincha, begonaning ovozini tanimay, undan qochadilar.” Iso bu matalni aytib berganda, tinglovchilar U nima demoqchi ekanligini tushunmadilar. Shu sababdan Iso yana dedi: “Sizlarga chinini aytay: Men qo‘ylar uchun eshikman. Mendan oldin kelganlarning hammasi o‘g‘ri va bosqinchi edilar. Lekin qo‘ylar ularga quloq solmadilar. Men eshikman. Kim Men orqali kirsa, najot topadi. U kirib chiqib, yaylov ham topadi. O‘g‘ri faqat o‘g‘irlash, bo‘g‘izlash, barbod qilish uchun keladi. Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman. Men yaxshi Cho‘ponman. Yaxshi Cho‘pon qo‘ylari uchun jonini fido qiladi. Yollangan odam esa qo‘ylarning na cho‘poni, na egasidir. U bo‘rining kelganini ko‘rgach, qo‘ylarni tashlab qochadi. Bo‘ri esa qo‘ylarni talab, tumtaraqay qiladi. Yollangan odam shunchaki yollangan bo‘lgani uchun va qo‘ylar haqida qayg‘urmagani uchun qochadi. [14-15] Men yaxshi Cho‘ponman. Otam Meni va Men Otamni bilganimday, Men qo‘ylarimni bilaman, ular ham Meni biladilar. Men qo‘ylarim uchun jonimni fido qilaman. *** Bu qo‘rada bo‘lmagan boshqa qo‘ylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular ham Mening ovozimga quloq soladi, shunda bir suruv, bir cho‘pon bo‘ladi. Men jonimni qaytib olish uchun, uni fido qilaman, shu bois Otam Meni yaxshi ko‘radi. Hech kim jonimni Mendan olmayapti. Men O‘z ixtiyorim bilan uni fido qilaman. Jonimni berishga va uni qaytarib olishga hokimiyatim bor. Buni Menga Otam buyurgan.” Isoning bu so‘zlari tufayli, yahudiylar orasida yana kelishmovchilik bo‘ldi. Oralaridan ko‘pchilik: — Uni jin uribdi, U aqldan ozgan! Nega Unga quloq solyapsizlar? — der edilar. Boshqalari esa: — Bu jin urganning so‘zlari emas. Jin ko‘r odamning ko‘zlarini ocha olarmidi?! — deb aytishardi. O‘sha vaqtda Quddusda Ma’badni Bag‘ishlash bayrami nishonlanayotgan edi. Qish. Iso Ma’badda Sulaymon ayvoni degan joyda aylanib yurar edi. Yahudiylar Uning atrofini o‘rab oldilar. — Qachongacha bizni ikkilantirasiz? Agar Masih bo‘lsangiz, bizga ochig‘ini ayting, — deyishdi. Iso ularga javob berdi: — Men sizlarga aytdim, ammo sizlar ishonmayapsizlar. Otam nomidan qilayotgan ishlarim kimligimni ko‘rsatib turibdi. Sizlar esa ishonmayapsizlar, chunki sizlar Mening qo‘ylarimdan emassizlar. Mening qo‘ylarim ovozimga quloq soladi. Men ularni taniyman, ular esa Menga ergashib yurishadi. Men ularga abadiy hayot beraman, ular hech qachon halok bo‘lmaydilar. Hech kim ularni Mening qo‘limdan tortib ololmaydi. Ularni Menga bergan Otam hammadan buyukdir. Otamning qo‘lidan ularni tortib olishga hech kimning kuchi yetmaydi. Men va Otam — birmiz. Yahudiylar yana Isoni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘ldilar. — Men sizlarga Ota buyurgan ko‘p xayrli ishlarni ko‘rsatdim, ularning qaysi biri uchun Meni toshbo‘ron qilmoqchisizlar? — deb so‘radi Iso. Yahudiylar Unga shunday deyishdi: — Xayrli ishingiz uchun emas, kufrligingiz uchun Sizni toshbo‘ron qilmoqchimiz. Siz odam bo‘la turib O‘zingizni Xudo deyapsiz! Iso shunday javob qaytardi: — Sizlar o‘zlaringiz doim o‘qiydigan Tavrotda: “Aytdimki: Hammangiz xudodirsiz”, deb yozilgan emasmi?! O‘zlaringiz bilasizlar: Muqaddas Bitiklarni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xudoning kalomini olgan odamlar “xudolar” deb atalgan–ku! Meni esa Otam O‘zi uchun ajratib olib dunyoga yuborgan. Men “ Xudoning O‘g‘liman ” deganim uchun kufrlik qilgan bo‘lamanmi?! Agar Men Otamning ishlarini qilmayotgan bo‘lsam, Menga ishonmay qo‘ya qolinglar. Bordi–yu, Uning ishlarini qilayotgan bo‘lsam, Menga ishonmasangiz ham, qilayotgan ishlarimga ishoninglar. Shunda Ota Menda va Men Otada ekanimni bilib, anglab olasizlar. Ular yana Isoni ushlab olishga harakat qildilar, ammo Iso ularning changalidan qutulib qoldi. So‘ng Iso Iordan daryosining narigi tomoniga, ilgari Yahyo odamlarni cho‘mdirib yurgan joyga qaytib borib, u yerda qoldi. Uning oldiga ko‘p odamlar kelishardi. Ular shunday deb aytishardi: — Yahyo hech qanday alomat ko‘rsatmagan edi, lekin Yahyoning bu Odam haqida aytgan hamma gapi to‘g‘ri chiqdi. Shunday qilib, o‘sha yerdagi ko‘p odamlar Isoga ishondilar. Baytaniya qishlog‘ida Lazar ismli bir odam kasal yotgan edi. Maryam va uning opasi Marta ham shu qishloqda yashar edilar. Rabbimiz Isoga atir moy surtgan va Uning oyoqlarini sochi bilan artib quritgan o‘sha Maryam edi. Kasal yotgan Lazar esa Maryamning akasi edi. Opa–singil Isoga: — Hazrat, Sizning aziz do‘stingiz kasal, — degan xabarni yuborishdi. Iso buni eshitib shunday dedi: — Bu kasallik o‘lim bilan yakunlanmaydi, balki Xudoning ulug‘lanishiga va shu orqali Xudo O‘g‘lining ulug‘lanishiga sabab bo‘ladi. Iso Martani, uning singlisini va Lazarni yaxshi ko‘rar edi. Ammo Lazarning xasta ekanini bilsa ham, turgan joyida yana ikki kun qoldi. Shundan so‘ng U shogirdlariga: — Yahudiyaga qaytib boraylik, — dedi. Shogirdlari esa shunday dedilar: — Ustoz, yaqindagina yahudiylar Sizni toshbo‘ron qilmoqchi edilar–ku! Endi yana u yerga bormoqchimisiz? Iso javob berdi: — Kunduz o‘n ikki soatdan iborat emasmi?! Kim kunduzi yursa, qoqilmaydi, chunki bu dunyoning nurini ko‘radi. Kechasi yurgan esa qoqiladi, chunki uning o‘zida nur yo‘q. Bu so‘zlarini aytib bo‘lib, ularga yana dedi: — Do‘stimiz Lazar uxlab qoldi. Men uni uyg‘otgani ketyapman. — Hazrat, agar uxlayotgan bo‘lsa, tuzalib ketadi, — dedi shogirdlari. Iso Lazarning o‘limini nazarda tutgan edi. Shogirdlar esa Iso odatdagi uyqu to‘g‘risida gapirdi, deb o‘yladilar. Keyin Iso ularga ochig‘ini aytdi: — Lazar vafot etdi. Men uning yonida bo‘lmaganimdan xursandman, chunki bu vaziyat sizlarning ishonishingizga imkon beradi. Qani, endi uning oldiga boraylik. Shunda To‘ma (ya’ni “Egizak”) boshqa shogirdlarga: — Qani yuringlar, biz ham Iso bilan o‘lamiz! — dedi. Iso u yerga yetib borib bildiki, Lazarning qabrga qo‘yilganiga to‘rt kun bo‘lgan ekan. Baytaniya qishlog‘i Quddusdan bor–yo‘g‘i uch chaqirimcha masofada joylashgan edi. Quddusdagi ko‘p yahudiylar Marta bilan Maryamning oldiga akasining vafoti munosabati ila tasalli berish uchun borgan edilar. Marta Isoning kelayotganini eshitib, Uni kutib olgani chiqdi. Maryam esa uyda qoldi. — Hazrat! — dedi Marta Isoga. — Agar Siz bu yerda bo‘lganingizda edi, mening akam o‘lmagan bo‘lardi. Ammo hozir ham bilaman, Siz Xudodan nima so‘rasangiz, Xudo Sizga beradi. — Sening akang tiriladi, — dedi Iso. — Bilaman, oxiratda o‘liklar tirilganda tiriladi, — dedi Marta. Iso unga dedi: — Men tirilish va hayotdirman. Menga ishongan odam o‘lsa ham yashaydi. Kimda–kim Menga ishonib yashasa, to abad o‘lmaydi. Bunga ishonasanmi? — Ha, Hazrat, — dedi Marta, — Siz olamga keladigan Masih, Xudoning O‘g‘li ekaningizga ishonaman. Marta shunday dedi–yu, borib singlisi Maryamni chaqirdi. Unga sekingina dedi: — Ustoz shu yerda, U seni chaqiryapti. Maryam buni eshitgach, shoshib o‘rnidan turdi–da, Isoning oldiga ketdi. Iso hali qishloqqa kirmagan, hanuz Marta Uni kutib olgan joyda edi. Maryam bilan uyda bo‘lgan va unga tasalli berayotgan odamlar uning shoshilib o‘rnidan turib tashqariga chiqqanini ko‘rishdi. Maryam yig‘i–sig‘i qilgani qabrga ketyapti, deb o‘ylab, uning orqasidan ketishdi. Maryam Iso turgan yerga yetib kelib, Uni ko‘rdi–yu, oyog‘iga yiqilib dedi: — Hazrat! Agar Siz shu yerda bo‘lganingizda edi, mening akam o‘lmagan bo‘lardi! Maryam ham, u bilan kelganlar ham yig‘layotgan edilar. Iso buni ko‘rib, qattiq iztirobga tushdi, ko‘ngli o‘rtanib ketdi. — Uni qayerga qo‘ydingizlar? — deb so‘radi. — Yuring, Hazrat, ko‘rasiz! — dedilar. Isoning ko‘zlaridan duv–duv yosh oqdi. O‘sha yerdagi odamlar: — Qaranglar, uni qanchalik yaxshi ko‘rar ekan! — deyishdi. Ulardan ba’zilari esa shunday deyishdi: — U ko‘rning ko‘zlarini ochgan. Lazarni ham o‘limdan olib qolsa bo‘lmasmidi?! Iso tag‘in qattiq iztirob chekib, qabr oldiga keldi. Qabr bir g‘or bo‘lib, og‘zi tosh bilan yopilgan edi. Iso: — Toshni olib tashlanglar! — dedi. Marhumning singlisi Marta Unga dedi: — Hazrat, jasad hidlanib qolgan–ku! Axir, qabrga qo‘yilganiga to‘rt kun bo‘ldi! — Agar ishonsang, Xudoning ulug‘vorligini ko‘rasan, deb senga aytmaganmidim?! — dedi Iso. Toshni olib tashladilar. Iso esa osmonga ko‘z tikib, dedi: — Ey Ota! Meni eshitganing uchun Senga shukrlar aytaman. Sen Meni doimo eshitishingni bilaman. Lekin bu so‘zlarni shu yerda turgan xalq uchun, Meni Sen yuborganingga ular ishonsin deb aytyapman. Shunday dedi–yu, baland ovoz bilan xitob qildi: — Lazar, tashqariga chiq! Shu payt qo‘lu oyoqlari kafanlangan, yuzi ro‘mol bilan o‘ralgan marhum chiqib keldi. — Kafanini yechinglar, uni qo‘yib yuboringlar, — dedi Iso odamlarga. Maryamni yo‘qlagani kelgan odamlarning ko‘pi Isoning qilgan ishini ko‘rib, Unga ishonishdi. Ammo ba’zilari farziylarning oldiga borib, Isoning qilganlarini aytib berishdi. Shundan keyin bosh ruhoniylar va farziylar Oliy kengash chaqirib, deyishdi: — Nima qilamiz? Bu Odam juda ko‘p mo‘jizali alomatlar ko‘rsatib yuribdi–ku! Buni davom etishiga yo‘l qo‘ysak, hamma Unga ishonib ketadi. Rimliklar kelib, Ma’badimizni ham, xalqimizni ham xonavayron qiladilar. Ulardan biri, o‘sha yili oliy ruhoniy bo‘lgan Kayafa so‘z oldi: — Sizlar hech narsani bilmaysizlar! Butun xalq halok bo‘lgandan ko‘ra, bitta odamning xalq uchun o‘lishi o‘zingiz uchun yaxshiroq–ku! Nahotki buni tushunmasangizlar?! U bu so‘zlarni o‘zidan o‘zi aytmagan edi. Balki o‘sha yili oliy ruhoniy sifatida Isoning xalq uchun o‘lishini bashorat qilgan edi. Iso nafaqat yahudiy xalqi uchun, balki Xudoning tarqoq bo‘lgan hamma odamlarini birlashtirish uchun o‘lishi kerak edi. Shunday qilib, o‘sha kundan boshlab Isoni o‘ldirishga til biriktirdilar. Iso esa endi yahudiylar orasida ochiq yurmaydigan bo‘ldi. U cho‘l yaqinidagi Efrayim shahriga borib, O‘z shogirdlari bilan o‘sha yerda qoldi. Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi. Mamlakatning hamma yog‘idan odamlar bayramdan oldin poklanish uchun Quddusga borishdi. Shu vaqtda Isoni izladilar. Ma’badda yig‘ilib turganlar o‘zaro: “Nima deb o‘ylaysizlar? U bayramga keladimi?” — deb so‘rashdi. Bosh ruhoniylar va farziylar esa Isoni qo‘lga olmoqchi bo‘lib, shunday buyruq bergan edilar: “Kim Isoning qayerdaligini bilib qolsa, xabar qilsin.” Fisih bayramidan olti kun oldin Iso Lazarning qishlog‘i Baytaniyaga bordi. Iso o‘sha Lazarni o‘likdan tiriltirgan edi. O‘sha yerda Isoga ziyofat hozirladilar. Marta xizmat qilib yurgan edi, Lazar esa Iso va mehmonlar bilan birga dasturxon oldida yonboshlagan edi. Shu payt Maryam bir shisha toza sunbuldan ishlangan qimmatbaho atir moyini olib kelib, Isoning oyoqlariga surtdi, so‘ng sochlari bilan artdi. Uy atir moyining xushbo‘y hidiga to‘lib ketdi. Isoning shogirdlaridan biri, Unga xiyonat qiladigan Yahudo Ishqariyot dedi: — Bu moyni uch yuz kumush tangaga sotib, kambag‘allarga bo‘lib bersa bo‘lmasmidi?! U bu gapni kambag‘allarga qayg‘urgani uchun emas, balki o‘g‘ri bo‘lgani uchun aytdi. Pul qutisi Yahudoning nazoratida edi, qutiga solinadigan puldan u o‘g‘irlab turardi. Iso shunday dedi: — Ayolni tinch qo‘yinglar! Zotan, u Meni dafn kunimga tayyorladi. Kambag‘allar har doim sizlar bilan birga bo‘ladi. Men esa har doim ham sizlar bilan birga bo‘lmayman. Bir talay yahudiylar Isoning Baytaniyada ekanligini bilib kelishdi. Ular nafaqat Isoni, balki Iso o‘likdan tiriltirgan Lazarni ham ko‘rishni istardilar. Bosh ruhoniylar Lazarni ham o‘ldirishni rejalashtirgan edilar. Chunki ko‘p yahudiylar Lazar tufayli Iso tomoniga o‘tib, Unga imon keltirayotgan edilar. Ertasi kuni bayramga borgan ko‘p xaloyiq Isoning Quddusga kelayotganini eshitib qolishdi. Ular palma daraxti shoxlaridan olishdi, Uni qarshi olgani chiqib, shunday deb hayqirishardi: “Tasanno! Egamiz nomi bilan kelayotgan Inson baraka topsin. Isroilning shohi muborak bo‘lsin!” Iso bir xo‘tikni topib, unga mindi, xuddi Muqaddas Bitiklarda aytilganday: “Ey Quddus xalqi, qo‘rqma! Mana shohingiz xo‘tikni minib kelyapti.” Isoning shogirdlari avval buni tushunmadilar. Iso ulug‘langandan keyingina ular bu so‘zlarning U haqda yozilganini va xalq xuddi yozilganidek qilganini esladilar. Iso Lazarni qabrdan chaqirib tiriltirganiga guvoh bo‘lgan olomon Isoga ergashib, bu haqda hammaga aytdi. Isoning qilgan bu mo‘jizali alomati haqida eshitgan ko‘p odamlar Uni kutib olgani chiqqan edilar. Farziylar esa bir–biriga: — Qaranglar, qo‘limizdan hech narsa kelmadi. Butun dunyo Uning ortidan bormoqda! — deyishardi. Xudoga sajda qilish uchun bayramga kelganlar orasida ba’zi g‘ayriyahudiylar bor edi. Ular Filipning oldiga borib (Filip Jalilaning Baytsayda shahridan edi) shunday deb aytishdi: — Taqsir, biz Isoni ko‘rmoqchimiz. Filip borib, bu haqda Idrisga aytdi. So‘ng ikkalovi Isoning oldiga borib, Unga aytishdi. Iso ularga shunday javob berdi: — Inson O‘g‘li ulug‘lanadigan vaqt–soat keldi. Sizlarga chinini aytay: agar bug‘doyning doni yerga tushib o‘lmasa, u bir donligicha qoladi. Agarda o‘lsa, ko‘p hosil beradi. Kim o‘z jonini sevsa, uni yo‘qotadi. Kim bu dunyoda o‘z jonidan voz kechsa, uni abadiy hayot uchun saqlab qoladi. Kim Menga xizmat qilmoqchi bo‘lsa, orqamdan yursin. Men qayerda bo‘lsam, xizmatchim ham u yerda bo‘lsin. Menga xizmat qilgan odamni Otam hurmat qiladi. Endi esa yuragim siqilib ketyapti. Nima ham der edim?! “Ey Ota, bu vaqt–soatdan Meni saqla”, deb ayta olarmidim?! Men shu vaqt–soat uchun kelganman–ku! Ey Ota, O‘z nomingni ulug‘lagin! Iso shunday deyishi bilanoq osmondan: — Men nomimni ulug‘ladim, bundan keyin ham ulug‘layman, — degan sado keldi. U yerda turgan olomon bu sadoni eshitib, momaqaldiroq deb o‘yladi. Boshqalar esa: — Unga farishta gapirdi! — deyishdi. Bunga javoban Iso dedi: — Bu sado Men uchun emas, sizlar uchun bo‘ldi. Endi bu dunyo hukm qilinadi, endi bu dunyoning yovuz hukmdori haydab chiqariladi. Men yerdan yuqoriga ko‘tarilganimda, hammani O‘zimga jalb qilaman. Iso bu so‘zlarni qay yo‘l bilan o‘lishini bildirish uchun aytdi. Xalq bunga javoban dedi: — Biz Tavrotda, Masih abadiy yashaydi, deb eshitganmiz. Qanday qilib Sen: Inson O‘g‘li yuqoriga ko‘tarilishi kerak, deb aytyapsan? Inson O‘g‘li kim o‘zi? Iso ularga dedi: — Nur yana qisqa bir muddat sizlar bilan bo‘ladi. Nur borida yuringlar, tag‘in zulmat sizlarni qamrab olmasin. Zulmatda yuradigan kishi qayerga ketayotganini bilmaydi. Nur hanuz sizlar bilan ekan, nurga ishoninglar, shunda nur farzandlari bo‘lasizlar. Bularni aytib bo‘lgach, Iso uzoqlashib, xalqdan yashirindi. Iso xalqning ko‘z o‘ngida shuncha ko‘p mo‘jizali alomatlar yaratgan bo‘lsa ham, ular Isoga ishonmas edilar. Shu tariqa Ishayo payg‘ambarning so‘zi bajo bo‘ldi: “Ey Egamiz, bizning xabarimizga kim ishondi? Sening qudratli kuching kimga ayon bo‘ldi?” Haqiqatdan ham, ular ishona olmadilar. Negaki, Ishayo ular haqida yana shunday deb aytgandi: “Xudo ularning ko‘zlarini ko‘r qildi, Aqllarini o‘tmas qildi. Toki ko‘zlari bilan ko‘rmasinlar, Aqllari bilan anglamasinlar, Tag‘in Menga qaytib, shifo topmasinlar.” Ishayo Masihning ulug‘vorligini ko‘rgani uchun bu so‘zlarni aytgan edi. Shunga qaramay, ko‘p yahudiy boshliqlari ham Isoga imon keltirdilar. Lekin ular farziylar tufayli buni ochiqchasiga tan olmas edilar, chunki sinagogadan haydalishdan qo‘rqardilar. Axir, ular Xudoning maqtovidan ko‘ra insonning maqtovini yaxshi ko‘rardilar. Iso xitob qilib dedi: “Menga ishongan odam Menga emas, balki Meni Yuborganga ishongan bo‘ladi. Meni ko‘rgan odam Meni Yuborganni ko‘rgan bo‘ladi. Menga ishongan bironta odam zulmatda qolmasin, deb Men dunyoga nur bo‘lib keldim. Agar kim Mening so‘zlarimni eshitib, rioya qilmasa, Men uni hukm qilmayman. Men dunyoni hukm qilish uchun emas, najot berish uchun kelganman. Meni rad qilib, so‘zlarimni qabul qilmagan odamni hukm qiluvchi bor. Aytgan so‘zim unday odamni oxiratda hukm qiladi. Zotan Men O‘zimcha gapirganim yo‘q. Meni yuborgan Ota nima aytishimni, qanday gapirishimni Menga amr etgan. Uning amri esa abadiy hayot berishini bilaman. Xullas, nima aytayotgan bo‘lsam, Otam Menga aytganday sizlarga aytyapman.” Fisih bayramiga oz qolgan edi. Iso bu dunyoni tark etib, Otasi oldiga boradigan vaqt–soati kelganini bilar edi. U dunyodagi O‘zinikilarni yaxshi ko‘rar edi, ularni oxirigacha yaxshi ko‘rdi. Kechki ovqat payti edi. Shimo‘nning o‘g‘li Yahudo Ishqariyotning diliga iblis allaqachon Isoga xiyonat qilish niyatini solgan edi. Iso esa Otasi hamma narsani Uning qo‘liga berganini bilar edi, U Xudodan kelib, yana Xudoning oldiga qaytayotganini ham bilar edi. Shunday qilib, Iso dasturxondan turib, ustki kiyimini yechib tashladi. Sochiqni olib beliga bog‘ladi. Keyin tog‘oraga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarini yuvishga tushdi. Beliga bog‘lagan sochiq bilan ularning oyoqlarini artib quritdi. Iso Shimo‘n Butrusning oldiga keldi. — Hazrat, nahot oyoqlarimni Siz yuvsangiz?! — dedi Butrus. — Hozir nima qilayotganimni sen bilmaysan, keyin tushunib olasan, — dedi Iso unga javoban. — Mening oyoqlarimni ikki dunyoda ham yuvmaysiz! — dedi Butrus. — Agar oyoqlaringni yuvmasam, Menga qarashli bo‘lmaysan, — dedi Iso. Shunda Shimo‘n Butrus dedi: — Hazrat, nafaqat oyoqlarimni, qo‘llarim bilan boshimni ham yuvib qo‘ying! Iso unga dedi: — Cho‘milgan odam faqat oyog‘ini yuvsa bas, u tamoman pokdir. Sizlar ham poksizlar, ammo hammangiz emas. Iso O‘ziga xoinlik qiladigan odamni bilar edi, shuning uchun “Hammangiz ham pok emassizlar”, dedi. Shogirdlarining oyoqlarini yuvib bo‘lgach, Iso ustki kiyimini kiyib, yana dasturxon oldiga yonboshladi. So‘ng shogirdlaridan so‘radi: — Hozir nima qilganimni tushundilaringmi? Sizlar Meni “Ustoz”, “Hazrat” deb chaqirasizlar va to‘g‘ri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman. Agar Men Hazratingiz va Ustozingiz bo‘la turib oyoqlaringizni yuvgan bo‘lsam, sizlar ham bir–biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz shart. Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham o‘shani qilishingiz kerak. Men sizlarga o‘rnak ko‘rsatdim. Sizlarga chinini aytayin: qul o‘zining xo‘jayinidan ustun emas, elchi ham uni yuborgandan ustun emas. Agar gapimni uqqan bo‘lsangiz, bunga amal qilinglar, shunda baxtli bo‘lasizlar! Iso gapida davom etib dedi: — Mening gaplarim hammangizga tegishli emas. Men kimlarni tanlaganimni bilaman. Muqaddas Bitiklarda: “Nonimni yegan kishi Menga qarshi bosh ko‘tardi”, — deb aytilgan. Bu so‘zlar bajo bo‘lishi kerak. Men buni sizlarga hozirdan, yuz bermasidan oldin aytib qo‘yyapman. Toki yuz berganda, Masih Men ekanligimga ishoninglar. Sizlarga chinini aytay: Kim Men yuborgan odamni qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo‘ladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo‘ladi. Iso qattiq iztirob chekib, dedi: — Sizlarga chinini aytayin, orangizdan bittangiz Menga xiyonat qiladi. Shogirdlari esa U kimni nazarda tutayotganini bilmay, gangib bir–biriga qarab turar edilar. Shogirdlaridan biri Isoning yonida yonboshlagan edi. U Isoning sevikli shogirdi edi. Shimo‘n Butrus o‘sha shogirdga: “Iso kim haqida gapiryapti, so‘ra–chi”, deb imo–ishora qildi. Shunda u engashib, Isodan: — Hazrat, u kim? — deb so‘radi. Iso javob berdi: — Men bir burda nonni kosaga botirib kimga bersam, u o‘shadir, — dedi. So‘ng burda nonni botirib, Shimo‘n o‘g‘li Yahudo Ishqariyotga berdi. Yahudo burdani olar–olmas, shayton uning ichiga kirib oldi. — Qiladiganingni tezroq qil, — dedi unga Iso. Dasturxon atrofidagilardan hech kim nima uchun Iso bu so‘zlarni Yahudoga aytganini tushunmadi. Pul qutisi Yahudoda bo‘lgani sababli, ba’zilari Iso unga: “Bayram uchun bizga kerak bo‘ladigan narsalarni sotib ol”, yoki “Kambag‘allarga bir nima ber”, deyapti deb o‘ylardilar. Yahudo esa o‘sha burda nonni olgan zahoti tashqariga chiqib ketdi. Tun edi. Yahudo chiqib ketgach, Iso dedi: — Inson O‘g‘lining ulug‘lanadigan vaqti keldi. U orqali Xudo ulug‘lanadi. Inson o‘g‘li orqali Xudo ulug‘lanar ekan, Uni ham O‘z ulug‘vorligiga sherik qiladi. Bolalarim! Endi Men sizlar bilan uzoq bo‘lmayman. Meni qidirasizlar. Yahudiylarga aytgan edim, sizlarga ham aytyapman: Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar. Sizlarga yangi amr beryapman: bir–biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir–biringizni shunday sevinglar. Agar bir–biringizni sevsangiz, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi. Shimo‘n Butrus Isoga dedi: — Hazrat, Siz qayerga ketyapsiz? — Hozir Men boradigan joyga sen orqamdan borolmaysan, keyinchalik borasan, — dedi unga Iso. Butrus so‘radi: — Hazrat, nega hozir orqangizdan borolmas ekanman? Men Siz uchun jonimni berishga tayyorman! Iso javob berdi: — Sen rostdan ham Men uchun joningni berishga tayyormisan?! Senga chinini aytaman, xo‘roz qichqirmasdanoq, sen uch marta Mendan tonasan! Iso shogirdlariga dedi: — Yuragingiz siqilmasin. Xudoga ishoning, Menga ham ishoning! Otamning uyida maskan ko‘p. Shunday bo‘lmaganda edi, sizlarga bularni aytib o‘tirmagan bo‘lardim. Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman. Men borib sizlarga joy tayyorlayman–u, sizlarni O‘zim bilan olib ketgani kelaman. Toki Men bo‘lgan joyda sizlar ham bo‘linglar. Men boradigan joyga olib boradigan yo‘lni sizlar bilasizlar. — Hazrat! — dedi Unga To‘ma, — Qayerga borishingizni bilmasak, yo‘lni qayerdan bilamiz? Iso unga dedi: — Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Otaning oldiga olib boradigan Mendan boshqa yo‘l yo‘q. Meni taniganingiz uchun, Otamni ham tanib olasizlar. Endi Uni tanidingizlar, Uni ko‘rdingizlar. Filip Isoga dedi: — Hazrat, bizga Otani ko‘rsating, shuning o‘zi bizga kifoya! — Filip, — dedi unga Iso, — Men shuncha vaqtdan beri sizlar bilan birgaman. Nahotki Meni tanimasang?! Meni ko‘rgan odam Otani ko‘rgan bo‘ladi. Shunday ekan, qanday qilib sen: “Otani bizga ko‘rsating”, deyapsan? Men Otada, Ota esa Menda ekanligiga nahotki ishonmasang?! Men sizlarga aytgan so‘zlarni O‘zimdan to‘qib gapirmayapman. Aksincha, Menda yashagan Otam Men orqali O‘z ishlarini bajarmoqda. Men Otamda va Otam Menda ekanligiga ishoninglar. Agar ishonmasangizlar, hech bo‘lmasa, qilgan ishlarim tufayli ishoninglar. Sizlarga chinini aytayin: Menga ishongan odam Men qilgan ishlarni qiladi. Bulardan ham buyukroq ishlarni qiladi, chunki Men Otaning oldiga ketyapman. Sizlar Mening nomimdan so‘ragan hamma narsani Men bajo keltiraman, toki Ota O‘z O‘g‘li orqali ulug‘lansin. Ha, sizlar Mening nomim bilan Mendan so‘ragan har qanday narsani bajo keltiraman. — “Agar Meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilasizlar. Men Otaga murojaat qilaman va U sizlar bilan to abad qoladigan boshqa Homiyni yuboradi. Bu Homiy — Haqiqat Ruhidir. Bu dunyoga tegishli bo‘lganlar Uni qabul qila olmaydilar, chunki Uni na ko‘rishadi, na bilishadi. Sizlar esa Uni bilasizlar, chunki U sizlar bilan yashamoqda, U ichingizda bo‘ladi. Men sizlarni yetim qoldirmayman, yana oldingizga qaytib kelaman. Birozdan keyin dunyo Meni boshqa ko‘rmaydi. Ammo sizlar Meni ko‘rasizlar. Men barhayot bo‘lganim uchun, sizlar ham yashaysizlar. Men Otamda ekanimni, sizlar Menda va Men sizlarda ekanimni o‘sha kuni anglab olasizlar. Mening amrlarimni bilib, ularga amal qilgan kishi Meni sevadi. Kim Meni sevsa, Otam ham uni sevadi. Men ham uni sevaman va O‘zimni unga ayon qilaman.” Ishqariyot bo‘lmagan boshqa Yahudo Isoga dedi: “Hazrat, nega O‘zingizni dunyoga ayon qilmay, bizga ayon qilmoqchisiz?” Iso unga shunday javob berdi: “Kim Meni sevsa, Mening so‘zimga amal qiladi. Otam ham uni sevadi. Biz uning oldiga kelib, u bilan birga yashaymiz. Meni yaxshi ko‘rmagan kishi so‘zlarimga amal qilmaydi. Sizlar eshitgan so‘z Meniki emas, balki Meni yuborgan Otanikidir. Men sizlar bilan ekanman, bularni aytdim. Otam Mening nomimdan yuboradigan Homiy, ya’ni Muqaddas Ruh sizlarga hammasini o‘rgatadi. Men sizlarga aytgan hamma so‘zlarimni U yodingizga tushiradi. Men sizlarga tinchlikni qoldiryapman. O‘z tinchligimni sizlarga beryapman. Men berayotgan tinchlik dunyo beradigan tinchlikka o‘xshamaydi. Yuragingiz siqilmasin, qo‘rqmanglar. Sizlarga aytganimni eshitdingizlar: Men ketib, yana oldingizga qaytib kelaman. Agar Meni yaxshi ko‘rganingizda edi, Otaning oldiga ketayotganimdan quvongan bo‘lar edingizlar. Zero, Ota Mendan ulug‘dir. Bu hodisalar sodir bo‘lmasdan oldin sizlarga aytdim. Toki sodir bo‘lganda ishoninglar. Sizlar bilan so‘zlashishga deyarli vaqtim qolmadi. Chunki bu dunyoning yovuz hukmdori kelyapti. U Menga hukmini o‘tkaza olmaydi. Lekin dunyo bilsinki, Men Otani sevaman, Ota Menga neki buyurgan bo‘lsa, xuddi shuni bajaraman. Qani turinglar, bu yerdan keta qolaylik.” “Men haqiqiy tokman, Otam esa bog‘bondir. Hosil bermaydigan har bir novdamni U kesib tashlaydi. Hosil beradigan har bir novdani esa, yana ko‘proq hosil bersin deb, xomtok qilib tozalaydi. Men sizga aytgan so‘zim orqali sizlar allaqachon tozalanib bo‘lgansizlar. Men bilan aloqada bo‘linglar, shunda Men sizlar bilan aloqada bo‘laman. Tokka ulanmagan novda o‘z–o‘zidan hosil berolmaydi. Shu singari sizlar ham Men bilan aloqada bo‘lmasangizlar, hosil berolmaysizlar. Men — tok, sizlar — novdasizlar. Agar Menda bo‘lsangizlar va Men sizlarda bo‘lsam, ko‘p hosil berasizlar. Mensiz hech narsa qilolmaysizlar. Kim Men bilan aloqani uzsa, novda kabi tashlab yuboriladi va quriydi. Bunday novdalarni esa yig‘ib, o‘tga tashlab yondirishadi. Agar siz Men bilan aloqada bo‘lib, so‘zlarimni qalbingizga jo qilsangizlar, istaganingizni so‘ranglar, sizga beriladi. Sizlar ko‘p hosil berib, Mening shogirdlarim ekanligingizni isbotlaysiz. Bu orqali Otam ulug‘lanadi.” “ Ota Meni qanday sevgan bo‘lsa, Men ham sizlarni shunday sevdim. Sevgimga sodiq qolinglar. Men Otamning amrlariga amal qilib, Uning sevgisiga sodiq qolganman. Xuddi shu singari sizlar ham, Mening amrlarimga amal qilsangizlar, sevgimga sodiq qolasizlar. Mening shodligim qalbingizni to‘ldirsin, deb sizlarga bu so‘zlarni aytdim. Mening amrim shu: Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir–biringizni shunday sevinglar. Kim o‘z jonini do‘stlari uchun fido qilsa, bundan ortiq sevgi yo‘q. Agar sizlar amrlarimni bajo keltirsangizlar, Mening do‘stlarim bo‘lasizlar. Men sizlarni endi qul deb atamayman. Qul xo‘jayini nima qilishini bilmaydi. Sizlarni do‘stlarim deyman, chunki Otamdan eshitgan hamma narsani sizlarga aytdim. Sizlar Meni emas, Men sizlarni tanladim. Men sizlarni: “Borib hosil bersin, hosili boqiy bo‘lsin”, deb tanladim. Shunda Mening nomimdan Otadan nima so‘rasangizlar, U sizlarga beradi. Xullas, sizlarga amrim shu: bir–biringizni sevinglar!” “Agar dunyo sizlardan nafratlanayotgan bo‘lsa, bilingki, sizlardan ilgari Mendan nafratlangan. Sizlar bu dunyoga tegishli bo‘lganingizda edi, dunyo sizlarni o‘ziniki kabi sevar edi. Sizlar esa bu dunyoga tegishli emassizlar. Men sizlarni bu dunyodan tanlab oldim. Ana shu sababdan dunyo sizlardan nafratlanadi. Qul o‘z xo‘jayinidan ustun emas, degan so‘zimni eslanglar. Agar Meni quvg‘in qilgan bo‘lsalar, sizlarni ham quvg‘in qiladilar. Agar Mening so‘zlarimga rioya qilgan bo‘lsalar, sizlarnikiga ham rioya qiladilar. Odamlar bularni sizlarga Mening nomim tufayli qiladilar. Axir, ular Meni Yuborganni tanimaydilar. Agar Men kelib, ularga gapirmaganimda edi, ular Menga ishonmaganlari uchun gunohda ayblanmas edi. Endi bo‘lsa gunohlarini oqlash uchun bahona topa olmaydilar. Mendan nafratlangan odam Otamdan ham nafratlanadi. Agar Men ular orasida boshqa hech kim qilmagan mo‘jizalarni qilmaganimda edi, ular gunohda ayblanmas edi. Endi bo‘lsa mo‘jizalarimni ko‘rdilar–u, Mendan ham, Otamdan ham nafratlandilar. Bu esa Tavrotdagi: “Mendan sababsiz nafrat etganlar”, degan so‘zlar bajo bo‘lishi uchun sodir bo‘ldi. Men sizlarga Otamdan yuboradigan Homiy, ya’ni Otamdan chiqqan Haqiqat Ruhi kelganda Men to‘g‘rimda guvohlik beradi. Sizlar ham guvohlik berasizlar, chunki boshdanoq Men bilan birga bo‘lgansizlar.” “Men bu gaplarni sizlar to‘g‘ri yo‘ldan ozmanglar, deb aytdim. Sizlarni sinagogalardan haydab yuboradilar. Hatto shunday zamon keladiki, sizlarni o‘ldirayotgan har bir kishi bu bilan Xudoga xizmat qilyapman, deb o‘ylaydi. Bu ishlarni Otam bilan Meni tanimaganlari uchun qiladilar. Bularni sizlarga hozirdan aytib qo‘yyapman, toki o‘sha vaqt–soat kelganda, so‘zlarimni esga olinglar. Sizlarga bularni boshdanoq aytishimga hojat yo‘q edi, chunki O‘zim sizlar bilan birga edim. Endi esa Meni Yuborganning oldiga ketyapman. Birontangiz Mendan: “Qayerga ketyapsan?” deb so‘ramayapsiz. Bularni aytganim uchun, dilingiz g‘am–qayg‘uga botgan. Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, Mening ketishim sizlar uchun yaxshiroqdir. Agar Men ketmasam, Homiy kelmaydi. Agarda ketsam, Uni oldingizga yuboraman. U kelganda dunyoga gunoh, adolat va hukm to‘g‘risidagi haqiqatni ayon qiladi. Gunoh to‘g‘risidagi haqiqat shundan iboratki: odamlar Menga ishonmaydilar. Adolat to‘g‘risidagi haqiqat shuki, Ota Meni oqlaydi. Men Otaning oldiga ketyapman va sizlar Meni boshqa ko‘rmaysizlar. Hukm to‘g‘risidagi haqiqat shundan iboratki, hukm chiqarib bo‘lingan, bu dunyoning yovuz hukmdori mahkum qilingan. Sizlarga yana aytadigan gaplarim ko‘p, lekin endi ichingizga sig‘dirolmaysizlar. Haqiqat Ruhi kelib, sizlarni to‘liq haqiqat sari boshlaydi. U O‘zicha gapirmaydi, neki eshitsa, o‘shani so‘zlab beradi, U yuz beradigan voqealar haqida sizlarga xabar qiladi. U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga ma’lum qiladi, shu orqali Meni ulug‘laydi. Otaning bor narsasi Menikidir. Ana shu sababdan, Ruh Mendan eshitgan narsalarni sizlarga ma’lum qiladi, deb aytdim. Sizlar bilan birga uzoq vaqt bo‘lmayman, lekin ko‘p o‘tmay sizlar Meni yana ko‘rasizlar.” Shu paytda Isoning shogirdlari bir–biriga dedi: — Qiziq, U bizga o‘zi nima aytmoqchi?! “Sizlar bilan birga uzoq vaqt bo‘lmayman, lekin ko‘p o‘tmay sizlar Meni yana ko‘rasizlar”, dedi. “Otaning oldiga ketyapman”, deb aytdi. “Sizlar bilan birga uzoq vaqt bo ‘lmayman” deyishi bilan nima demoqchi ekan, tushunmadik. Iso shogirdlarining savol bermoqchi bo‘lganlarini bilib, dedi: — “Sizlar bilan birga uzoq vaqt bo‘lmayman, lekin ko‘p o‘tmay sizlar Meni yana ko‘rasizlar”, deb aytgan gapimning ma’nosini muhokama qilyapsizlarmi? Sizlarga chinini aytayin: sizlar yig‘lab dod–faryod qilasizlar, dunyo esa quvonadi. Sizlar qayg‘urasiz, lekin qayg‘ungiz shodlikka aylanadi. Oyi to‘lgan ayol dard bilan tug‘adi. Ammo bola tug‘ilgandan keyin, dunyoga odamzod keldi, deb ayol quvonadi. Quvonganidan u chekkan dardini unutib yuboradi. Shunga o‘xshab sizlar ham hozir g‘am–qayg‘u chekyapsizlar. Lekin Men sizlarni yana ko‘raman. Shunda yuragingiz quvonchga to‘ladi. Quvonchingizni sizlardan hech kim tortib olmaydi. O‘sha kuni Mendan hech narsa so‘ramaysizlar. Sizlarga chinini aytayin: Mening nomimdan Otadan nima so‘rasangizlar, U sizlarga beradi. Shu paytgacha Mening nomim bilan Otadan hech narsa so‘ramadingizlar. So‘ranglar, olasizlar va qalbingiz shodlikka to‘ladi. — Shu vaqtgacha sizlarga matallar orqali gapirib keldim. Lekin shunday vaqt keladiki, Men sizlarga Otam haqida matallar orqali emas, ochiqdan–ochiq gapiraman. O‘sha kuni o‘zlaringiz Otadan istaganingizni Mening nomimdan so‘raysizlar. Mening sizlar uchun Otadan iltimos qilishimning hojati bo‘lmaydi. Zotan Otaning O‘zi sizlarni sevadi, chunki sizlar Meni yaxshi ko‘rib, Xudodan kelganimga ishondingizlar. Men Otamdan chiqib, dunyoga keldim. Endi dunyoni tark etib, Otamning oldiga ketyapman. Shogirdlar Isoga shunday deyishdi: — Mana, hozir Siz matal ishlatmay, ochiq so‘zlayapsiz. Hamma narsani bilishingizni endi tushundik. Savolga ham o‘rin yo‘q. Siz Xudodan kelganingizga endi ishondik. Iso dedi: — Endi rostdan ham ishonyapsizlarmi? Shunday vaqt keladiki, hatto keldi ham, sizlar tarqalib, har biringiz in–iningizga kirib ketasizlar. Meni yolg‘iz qoldirasizlar. Biroq Men yolg‘iz emasman, chunki Otam Men bilandir. Men tufayli xotirjam bo‘lishingiz uchun bularni sizlarga aytdim. Dunyoda qayg‘u–alam chekasizlar. Lekin dadil bo‘linglar, Men dunyoni yengdim. Shu gaplardan keyin Iso ko‘zlarini osmonga tikib, dedi: “Ey Ota! Vaqt–soati keldi. O‘g‘ling Seni ulug‘lashi uchun O‘g‘lingni ulug‘lagin. Sen Unga butun insoniyat ustidan hokimiyat berding. Toki Unga berilgan har bir insonga U abadiy hayot ato qilsin. Abadiy hayot esa Seni — yagona haq Xudoni hamda Sen yuborgan Iso Masihni tanib–bilishdan iboratdir. Sen Menga topshirgan ishni tugatib, yer yuzida Seni ulug‘ladim. Dunyo yaratilishidan avval Men Sening huzuringda ulug‘vor edim. Endi, ey Ota, o‘sha ulug‘vorlikni O‘z huzuringda Menga tag‘in ato qilgin. Sen dunyodan Menga bergan odamlarga Seni tanitdim. Ular Seniki edilar va Sen ularni Menga berding. Ular Sening so‘zingga amal qildilar. Sen Menga bergan hamma narsa Sendan ekanligini ular endi bilib oldilar. Chunki Sen Menga aytgan so‘zlaringni Men ularga aytdim. Ular so‘zlaringni qabul qilib, Men Sendan kelganimni aniq tushundilar. Meni Sen yuborganingga ishondilar. Men ular uchun iltijo qilaman. Dunyo uchun emas, balki Sen Menga bergan odamlar uchun iltijo qilaman. Axir, ular Senikidir. Zotan Meniki bo‘lgan hamma — Seniki, Seniki esa Menikidir. Mening ulug‘vorligim ular orqali ayon bo‘lmoqda. Men bu dunyoda ortiq qolmayman, Sening oldingga qaytib ketyapman. Ular esa bu dunyoda qoladilar. Ey Muqaddas Ota! Menga bergan O‘z noming qudrati ila ularni omon saqla. Toki ular ham Bizday bir bo‘lsinlar. Men ular bilan birga bo‘lganimda, Menga bergan noming qudrati ila ularni omon saqladim. Ularni asradim, birontasi yo‘qolmadi. Faqat Muqaddas Bitiklarda aytilganlar bajo bo‘lishi uchun halokatga mahkum bo‘lgan odam nobud bo‘ldi. Endi esa Sening oldingga ketyapman. Mening shodligim ularning qalbini to‘ldirsin, deb bularni hali dunyoda bo‘lganimda aytyapman. Men ularga Sening so‘zlaringni aytdim. Bu dunyoga tegishli bo‘lganlar ulardan nafratlanadi. Chunki Men bu dunyodan bo‘lmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar. Endi ularni dunyodan olishingni emas, balki yovuz shaytondan saqlashingni so‘rayapman. Men bu dunyodan bo‘lmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar. Sening kaloming haqiqatdir. Haqiqat orqali ularni O‘zing uchun ajratib olgin. Sen Meni dunyoga yuborganingday, Men ham ularni dunyoga yubordim. Ularni deb O‘zimni Senga bag‘ishladim, toki ular ham haqiqat orqali o‘zlarini Senga bag‘ishlasinlar. Men nafaqat ular uchun iltijo qilyapman, balki ularning so‘zi orqali Menga imon keltiradiganlar uchun ham iltijo qilyapman: Hammalari bir bo‘lishsin. Ey Ota, Sen Menda va Men Senda bo‘lganimday, ular ham Bizda bo‘lishsin. Shu tariqa Meni Sen yuborganingga dunyo ishonsin. Sen Menga ato qilgan ulug‘vorlikni ularga berdim, toki Biz bir bo‘lganimizdek, ular ham bir bo‘lishsin. Men ulardaman, Sen esa Mendasan. Shunday ekan, ular mukammal birlikda bo‘lsinlar. Toki, Meni Sen yuborganingni dunyo bilsin. Meni qanday sevsang, Menikilarni ham shunday sevganingni dunyo ko‘rsin. Ey Ota! Sen Menga bergan odamlar Men bilan bir joyda bo‘lishini xohlayman. Sen Menga ato qilgan ulug‘vorligimni ular ham ko‘rsin, chunki olamni yaratmasingdan oldin Sen Meni yaxshi ko‘rar eding. Ey odil Ota! Dunyo Seni bilmasa ham, Men Seni bilaman. Bu odamlar ham Meni Sen yuborganingni bilib oldilar. Ularga Sening kimligingni ayon qildim va ayon qilishni davom ettiraveraman. Toki, Menga bo‘lgan sevging ularning yuraklarida jo bo‘lsin, Men ham ularda bo‘layin.” Bu so‘zlarni aytgandan so‘ng, Iso O‘z shogirdlari bilan u yerdan chiqib, Qidron soyligining narigi tomoniga o‘tdi. O‘sha yerda bir bog‘ bor edi. Iso shogirdlari bilan boqqa kirdi. Isoning xoini Yahudo ham o‘sha joyni bilar edi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez–tez uchrashib turar edi. Shunday qilib, Yahudo bir bo‘linma Rim askarlarini hamda bosh ruhoniylar va farziylar tomonidan yuborilgan mirshablarni boshlab, u yerga keldi. Qo‘llarida mash’alu fonuslar, qurol–yarog‘lar bor edi. Iso boshidan kechadigan hamma narsani bilar edi. U odamlarga peshvoz chiqib, so‘radi: — Kimni qidiryapsizlar? — Nosiralik Isoni, — deb javob berishdi ular. — O‘sha Menman, — dedi Iso. Isoning xoini Yahudo ularning orasida turgan edi. Iso “O‘sha Menman” deyishi bilanoq ular orqaga tisarilib, yerga yiqilishdi. Iso ulardan yana so‘radi: — Kimni qidiryapsizlar? — Nosiralik Isoni, — dedilar. — Sizlarga aytdim–ku, O‘sha Menman, — dedi ularga Iso. — Agar Meni qidirayotgan bo‘lsangizlar, bularni qo‘yib yuboringlar, ketaverishsin. Shu yo‘sin Isoning ilgari: “ Ota, Sen Menga bergan odamlardan hech birining yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymadim”, degan so‘zlari bajo bo‘ldi. Shu onda Shimo‘n Butrus yonidagi qilichini qinidan sug‘urdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, o‘ng qulog‘ini kesib tashladi. Xizmatkorning ismi Malxus edi. Iso Butrusga: — Qilichingni qiniga solib qo‘y! Nahotki Men Otam bergan azob kosasidan ichmasam?! — dedi. Shunda Rim askarlari bilan bo‘linma qo‘mondoni va yahudiy mirshablari Isoni qo‘lga olib, bog‘lab qo‘yishdi. Uni oldin Hanan oldiga olib borishdi. Hanan o‘sha yilgi oliy ruhoniy bo‘lgan Kayafaning qaynatasi edi. Yahudiylarga: “Xalq uchun bitta odamning o‘lishi yaxshiroq”, deb maslahat bergan o‘sha Kayafa edi. Isoning orqasidan Shimo‘n Butrus va yana boshqa bir shogird ergashib borishar edi. Bu shogird oliy ruhoniy Hananning tanishi bo‘lib, Iso bilan bemalol oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. Butrus esa tashqarida, darvoza oldida qoldi. Oliy ruhoniyga tanish bo‘lgan shogird keyinroq yana tashqariga chiqdi–da, darvozabon cho‘riga nimadir deb, Butrusni ichkariga olib kirib ketdi. Shunda darvozabon cho‘ri Butrusdan: — Siz ham U Odamning shogirdlaridan emasmisiz? — deb so‘radi. — Yo‘q! — dedi Butrus. Havo sovuq bo‘lgani uchun u yerda turgan xizmatkorlar bilan mirshablar ko‘mir yoqib, isinayotgan edilar. Butrus ham ularning oldiga borib, isinib turdi. Shu paytda oliy ruhoniy Hanan Isoga shogirdlari va ta’limotiga taalluqli savollar berar edi. Iso unga javob berib dedi: — Men elu olamga ochiq so‘zladim. Har doim yahudiylar yig‘iladigan sinagogalarda va Ma’badda ta’lim berib yurdim, hech yashirincha gap aytmadim. Nega Meni so‘roq qilyapsiz? Gaplarimni eshitgan odamlardan so‘rang. Nimalar haqida gapirganimni ular bilishadi. Iso bularni aytib bo‘lgach, yonida turgan mirshablardan biri Isoning yuziga bir shapaloq urib, dedi: — Oliy ruhoniyga ham shunday javob berasanmi? Iso bunga javoban dedi: — Agar Men noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsam, noto‘g‘ri joyini ko‘rsat. Agar to‘g‘ri gapirgan bo‘lsam, nega Meni urasan? Shundan keyin Hanan Isoni bog‘langan holda oliy ruhoniy Kayafa huzuriga yubordi. Shimo‘n Butrus olov oldida isinib turarkan, kimdir undan: — Siz ham Uning shogirdlaridan emasmisiz? — deb so‘radi. — Yo‘q! — deb tondi u. Oliy ruhoniyning xizmatkorlaridan biri Butrus qulog‘ini uzib yuborgan odamning qarindoshi edi. Bu xizmatkor Butrusga dedi: — Sizni bog‘da U bilan ko‘rdim, shekilli? Butrus esa yana tondi. Naq shu payt xo‘roz qichqirdi. Tong otdi. Yahudiylar Isoni Kayafa huzuridan olib chiqib, Rimlik hokim Pilatning saroyiga olib bordilar. O‘zlari esa bulg‘anishni istamay hukumat saroyiga kirmadilar, chunki bulg‘angan odam Fisih taomini yeya olmasdi. Shu sababli Pilat tashqariga, ularning oldiga chiqdi. — Bu Odamni nimada ayblayapsizlar? — deb so‘radi. — Agar U jinoyatchi bo‘lmaganda, Uni sizning qo‘lingizga topshirmas edik, — deb javob berishdi ular. — Uni olib ketib, o‘z qonuningiz bo‘yicha hukm qilaveringlar, — dedi Pilat. — Bizga hech kimni qatl qilishga ijozat berilmagan, — deyishdi unga yahudiylar. Iso O‘zining qanday o‘lishi haqida aytgan so‘zlari amalga oshishi uchun bu voqea sodir bo‘ldi. Shunda Pilat yana saroyga kirdi va Isoni chaqirtirib: — Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb so‘radi. — O‘zingiz qiziqib so‘rayapsizmi, yoki boshqalar sizga Men to‘g‘rimda aytishdimi? — deb so‘radi Iso. Pilat dedi: — Nima, men yahudiymidim?! O‘z xalqing, bosh ruhoniylaring Seni menga topshirishdi. Sen nima ish qilib qo‘yding? Iso javob berdi: — Mening Shohligim bu dunyodan emas. Agar Shohligim bu dunyodan bo‘lganda edi, yahudiylarning qo‘liga tushmasligim uchun Mening xizmatkorlarim kurashar edilar. Biroq Mening Shohligim bu yerdan emas. — Demak, Sen Shoh ekansan–da?! — dedi Pilat. — Shoh ekanimni o‘zingiz aytdingiz, — dedi Iso. — Men haqiqat to‘g‘risida shohidlik qilmoq uchun tug‘ilganman, ana shu maqsadda olamga keldim. Haqiqat tarafida bo‘lgan har bir odam Menga quloq soladi. — Haqiqat o‘zi nima? — deb so‘radi Pilat. Shunday dedi–yu, yana tashqariga, yahudiylarning oldiga chiqdi. — Men Undan hech qanday ayb topmadim, — dedi ularga. — Sizlarning bir odatingiz bor–ku, sizlar uchun har Fisih bayramida bir mahbusni ozod qilar edim. Shunga ko‘ra, sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi? — Uni emas, Barabbani ozod qiling! — deb baqirdi ular. Barabba esa isyonda ishtirok etgandi. Shundan keyin Pilat Isoni olib ketishni va qamchilatishni buyurdi. Askarlar tikanlardan toj o‘rib, Isoning boshiga qo‘ydilar, ustiga safsar to‘n kiydirdilar. Isoning oldiga qayta–qayta kelib: — Yashavor–e, yahudiylarning Shohi! — deb, Uni tarsakilar edilar. Pilat yana tashqariga chiqib yahudiylarga xitob qildi: — Mana, Uni oldingizga chiqaryapman, bilib qo‘yinglar, men Undan hech qanday ayb topolmadim! Shu payt boshida tikanli toj, egnida safsar to‘n bilan Iso tashqariga chiqdi. — Mana, u Odam! — dedi Pilat ularga. Bosh ruhoniylar va mirshablar Isoni ko‘rib, baqirishdi: — Xochga mixlansin! Xochga mixlansin! — Uni sizlar olib xochga mixlanglar! Men Undan hech qanday ayb topolmadim, — dedi Pilat ularga. Yahudiylar unga javoban: — Bizda qonun bor, qonunimizga ko‘ra U o‘lishi kerak, chunki U O‘zini Xudoning O‘g‘li, deb aytyapti, — dedilar. Pilat buni eshitgach, yuragi orqaga tortib ketdi. Qaytadan hukumat saroyiga kirib, Isodan: — Sen qayerdansan? — deb so‘radi. Iso unga javob bermadi. — Menga javob bermaysanmi?! — dedi Pilat. — Seni ozod qilishga yoki xochga mixlashga menda hokimiyat borligini bilmaysanmi?! Iso javob berdi: — Agar Xudo yo‘l qo‘ymaganda edi, siz Menga hech qanday hokimiyat o‘tkaza olmas edingiz. Shu sababdan Meni sizning qo‘lingizga tutib bergan odamning gunohi sizning gunohingizdan kattaroq. Shundan keyin Pilat Isoni qo‘yib yuborishga chora izlay boshladi. Ammo yahudiylar shunday deb qichqirishdi: — Agar Uni qo‘yib yuborsangiz, siz Qaysarning do‘sti emassiz. O‘zini shoh deydigan har bir kishi Qaysarga qarshi chiqqan bo‘ladi! Pilat bu so‘zni eshitgach, Isoni tashqariga olib chiqdi va Tosh supa deb nom olgan joydagi hukm kursisiga o‘tirdi (bu joyning oromiycha nomi Gabbata edi). O‘sha kuni Fisih bayrami arafasi, tush mahali edi. Pilat yahudiylarga xitob qildi: — Mana, Shohingiz! — Yo‘q qiling Uni, yo‘q qiling! Xochga mixlang! — deb baqirdi ular. — Sizlarning Shohingizni xochga mixlab qo‘yaymi? — deb so‘radi Pilat. — Qaysardan boshqa shohimiz yo‘q, — deyishdi bosh ruhoniylar. Oxiri Pilat Isoni xochga mixlash uchun askarlarga topshirdi. Ular esa Isoni olib ketdilar. Iso O‘z xochini ko‘tarib, shahar tashqarisidagi Bosh suyagi degan joyga keldi. (Bu joyning oromiycha nomi Go‘lgota edi.) U yerda Isoni xochga mixlab qo‘ydilar. U bilan birga yana ikkita odamni ham xochga mixladilar. Ularning biri Isoning bu tomonida, boshqasi u tomonida, Iso esa o‘rtada edi. Pilat bir lavhaga: “Yahudiylarning Shohi Nosiralik Iso”, degan so‘zlarni yozib, lavhani xochga ostirib qo‘ydi. Iso xochga mixlangan joy shaharga yaqin bo‘lgani uchun, bu lavhani ko‘p yahudiylar o‘qidilar. Lavha oromiy, lotin va yunon tillarida yozilgan edi. Yahudiy bosh ruhoniylari esa Pilatga borib shunday dedilar: — “Yahudiylarning Shohi” deb yozmang, balki “Bu Odam yahudiylarning Shohi bo‘lishga da’vogarlik qilgan”, deb yozing. — Men qanday yozgan bo‘lsam, shundayligicha qolsin, — dedi Pilat. Askarlar Isoni xochga mixlab bo‘lib, Uning kiyimlarini oldilar. Kiyimlarini to‘rt bo‘lakka bo‘lib, har bir askarga berdilar. Ichki ko‘ylagini ham oldilar. Ichki ko‘ylak boshdan–oyoq choksiz bir to‘qima edi. Askarlar bir–biriga: — Buni yirtmaylik, bu uchun qur’a tashlaymiz, kimga tushsa, o‘shaniki bo‘lsin, — deyishdi. Shu tariqa Muqaddas Bitiklardagi quyidagi so‘zlar bajo bo‘ldi: “Kiyimlarimni o‘zaro ular bo‘lishgan, Libosim uchun qur’a tashlashgan.” Askarlar xuddi shunday qildilar. Isoning xochi yonida Uning onasi va xolasi, Klopaning xotini Maryam hamda Magdalalik Maryam turar edilar. Iso onasini va onasi yonida turgan sevikli shogirdini ko‘rdi. Iso onasiga: — Ona, mana bu sizning o‘g‘lingiz! — dedi. Keyin shogirdiga qarab: — Mana bu sening onang! — dedi. O‘sha vaqtdan boshlab u shogird Maryamni o‘z uyiga oldi. Iso hamma ishlarini tugatganini bilardi. Muqaddas Bitiklar bajo bo‘lsin deb, U: — Chanqadim! — dedi. Bu yerda arzon sharobga to‘la bir idish turgan edi. Askarlar sharobga shimgichni botirdilar–da, tayoqning uchiga ilib, Isoning og‘ziga olib bordilar. Iso sharobni tatib ko‘rgach: — Amalga oshdi! — dedi–yu, boshini egib jon berdi. O‘sha kuni Shabbat arafasi edi. Ertangi Shabbat kuni nihoyatda tabarruk kun hisoblangani uchun, yahudiylar jasadlarni xochda qoldirishni istamadilar. Ular Pilatning oldiga borib, xochga mixlangan odamlarning boldirlarini sindirib tashlab, xochdan tushirishni so‘radilar. Shunda askarlar borib, Iso bilan birga xochga mixlangan birinchi, so‘ngra ikkinchi odamning boldirlarini sindirib tashladilar. Isoning oldiga kelib, Uning o‘lib bo‘lganini ko‘rdilar. Shuning uchun boldirlarini sindirmadilar. Lekin askarlardan biri Isoning biqinini nayza bilan teshdi, shu zahoti Uning biqinidan qon bilan suv oqib chiqdi. Bu hodisani ko‘rgan kishi, sizlar ham ishoninglar deb, guvohlik berib kelmoqda. Uning guvohligi haqiqatdir, u haqiqat aytayotganini biladi. Bu hodisa Muqaddas Bitiklardagi: “Bironta ham suyagi sindirilmaydi”, degan so‘zlar amalga oshishi uchun ro‘y berdi. Muqaddas Bitiklarning boshqa bir joyda shunday deyilgan: “Ular nayzani o‘zlari sanchigan Odamga qaraydilar.” Arimateyalik Yusuf Isoning shogirdi edi, lekin yahudiylardan qo‘rqqani uchun buni yashirib yurar edi. Iso o‘lganidan keyin Yusuf Pilatdan Isoning jasadini xochdan tushirib olishni iltimos qildi. Pilat ijozat berdi. Shunda Yusuf borib, Isoning jasadini xochdan tushirib oldi. Ilgari kechasi Isoning oldiga borgan Nikodim ham Yusuf bilan birga edi. Nikodim ikki pud mirra bilan sabur qorishmasini olib kelgandi. Ular ikkovi Isoning jasadini olib, yahudiylarning dafn odatlariga ko‘ra, bu muattar moddalarni surtib, Uni kafanladilar. Iso xochga mixlangan joyning yaqinida bir bog‘ bor edi. U bog‘da hali hech kim dafn qilinmagan yangi bir qabr bor edi. O‘sha kun yahudiylarning Shabbat arafasi bo‘lgani uchun ular, bu joy yaqinroq, deb Isoning jasadini o‘sha qabrga qo‘ydilar. Yakshanba kuni erta saharda, kun yorishmasdan, Magdalalik Maryam qabrning oldiga kelib, qabr og‘zidagi toshning ag‘darilganini ko‘rdi. U yugurib, Shimo‘n Butrus va Isoning sevikli shogirdi oldiga borib dedi: — Hazratimizning jasadini qabrdan olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmaymiz. Butrus va boshqa shogird qabr tomon jo‘nashdi. Ikkovi birga yugurib ketishdi. Ammo u shogird Butrusdan tezroq yugurib, qabrga birinchi bo‘lib yetib keldi. U engashib ichkariga qaradi–da, u yerda yotgan kafanni ko‘rdi. Lekin qabrga kirmadi. Uning orqasidan Shimo‘n Butrus yetib kelib, qabrga kirdi. U yerda yotgan kafanni va Isoning boshiga o‘ralgan ro‘molni ko‘rdi. Ammo ro‘mol kafan bilan birga emas, alohida joyga yig‘ishtirib qo‘yilgan edi. Shunda avval kelgan shogird ham qabrga kirdi. Ko‘rganidan keyingina ishonch hosil qildi. Chunki ular Muqaddas Bitiklardagi, Iso o‘likdan tirilishi kerak, degan so‘zlarni shu paytgacha tushunmagan edilar. Shundan so‘ng shogirdlar yana o‘z uylariga qaytib ketdilar. Maryam esa qabrning tashqarisida turganicha, yig‘lar edi. Yig‘layotib, bir egilib qabr ichiga qaradi. Shunda oq kiyim kiygan ikki farishtani ko‘rib qoldi. Biri Isoning jasadi yotgan joyning bosh tomonida, ikkinchisi esa oyoq tomonida o‘tirgan edi. Ular Maryamga: — Ey ayol, nega yig‘layapsan? — deyishdi. — Hazratimning jasadini olib ketishibdi, Uni qayerga qo‘yishganini bilmayman, — dedi u. Shunday dedi–yu, orqasiga burilib, u yerda turgan Isoni ko‘rdi. Lekin Uning Iso ekanligini bilmadi. — Ey ayol, nega yig‘layapsan? Kimni qidiryapsan? — deb so‘radi undan Iso. Maryam Uni bog‘bon deb o‘yladi. Unga shunday dedi: — Taqsir, agar Uni siz olib ketgan bo‘lsangiz, qayerga qo‘yganingizni menga ayting, men borib Uni olay. Iso unga: — Maryam! — dedi. Maryam Isoga qayrilib: — Rabbuniy! — dedi. (Rabbuniy oromiychada “Ustozim” demakdir). — Meni ushlab turma! — dedi Iso Maryamga. — Men Otaning oldiga chiqib ketyapman. Sen borib birodarlarimga gaplarimni yetkaz: “Men Otamning oldiga chiqib ketyapman. U sizlarning ham Otangizdir. U Mening Xudoyim va sizlarning Xudoyingizdir.” Shunda Magdalalik Maryam shogirdlarning oldiga borib: — Men Rabbimiz Isoni ko‘rdim! — dedi. So‘ng Isoning unga aytgan gaplarini ularga yetkazdi. O‘sha yakshanba kuni oqshomda shogirdlar to‘plangan edilar. Ular yahudiylardan qo‘rqib, uyning eshiklarini qulflab olgan edilar. Shu payt Iso keldi, o‘rtalarida turib shogirdlariga: — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! — dedi. So‘ng ularga qo‘llarini va biqinini ko‘rsatdi. Shogirdlar Rabbimiz Isoni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdilar. Iso yana ularga dedi: — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! Ota Meni dunyoga yuborgani singari, Men ham sizlarni dunyoga yuboryapman. Shunday deb, ularning ustiga pufladi–da: — Muqaddas Ruhni qabul qilinglar, — dedi. — Sizlar kimning gunohlarini kechirsangizlar, u kechiriladi. Kimning gunohlarini kechirmasangizlar, u kechirimsiz qolaveradi. O‘n ikki shogirddan biri, “Egizak” laqabli To‘ma, Iso kelganda u yerda shogirdlar orasida yo‘q edi. Boshqa shogirdlar unga: — Biz Rabbimiz Isoni ko‘rdik, — deyishdi. To‘ma ularga shunday dedi: — Uning qo‘llaridagi mix chandiqlarini o‘zim ko‘rmagunimcha, mix chandiqlariga barmog‘imni tekkizmagunimcha, biqiniga qo‘lim bilan tegib ko‘rmagunimcha ishonmayman. Keyingi yakshanba kuni Isoning shogirdlari yana uyda to‘plangan edilar. Bu safar To‘ma ham ular bilan birga edi. Uyning eshiklari qulf edi. Shunga qaramay Iso kirdi, o‘rtalarida turib: — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! — dedi. Keyin To‘maga qarab: — Barmog‘ingni bu yoqqa tekkiz! Qo‘llarimni ko‘r. Qo‘lingni uzatib, biqinimga tegib ko‘r. Ikkilanishni bas qil, ishon! — dedi. To‘ma Isoga: — Yo Rabbim, Xudoyim! — dedi. Iso unga shunday dedi: — Sen Meni ko‘rganing uchun ishonding. Meni ko‘rmay ishonganlar naqadar baxtlidirlar! Shogirdlar bu kitob tarkibiga kiritilmagan Isoning yana ko‘p mo‘jizali alomatlariga guvoh bo‘lganlar. Kitobga kiritilgan mo‘jizlar esa sizlar uchun yozilgan. Toki sizlar Isoning Masih, Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishonib, bu imoningiz tufayli hayotga ega bo‘linglar. Bu hodisalardan keyin Iso Jalila ko‘li bo‘yida yana shogirdlariga zohir bo‘ldi. Bu shunday ro‘y berdi: Shimo‘n Butrus, “Egizak” laqabli To‘ma, Jaliladagi Kana qishlog‘idan bo‘lgan Natanil, Zabadiyning o‘g‘illari va boshqa ikki shogird birga yig‘ilgan edilar. Shimo‘n Butrus yonidagilarga: — Men ketdim, baliq tutaman, — dedi. — Biz ham sen bilan boramiz, — deyishdi ular. So‘ng qayiqqa tushib, jo‘nab ketishdi. Lekin o‘sha kecha hech narsa tutisholmadi. Kun yorishganda Iso qirg‘oqda turgan edi. Shogirdlari esa Uning Iso ekanligini bilmadilar. — Yigitlar, balig‘ingiz bormi? — deb so‘radi Iso ulardan. — Yo‘q, — deb javob berdi ular. — To‘ringizni qayiqning o‘ng tomoniga tashlanglar, shunda tutasizlar, — dedi Iso. Ular to‘rni tashladilar. Baliq ko‘pligidan uni tortib ololmadilar. Shu payt Isoning sevikli shogirdi Butrusga: — Bu Rabbimiz Iso–ku! — dedi. Shimo‘n Butrus buni eshitishi bilanoq, uzun ko‘ylagining etaklarini beliga qistirdi–yu, ko‘lga sakradi. Boshqa shogirdlar esa baliq to‘la to‘rni sudragancha, qayiqda keldilar. Ular quruqlikka yaqin, taxminan ikki yuz tirsak masofada edilar. Qirg‘oqqa chiqqanlarida, nonni va yongan ko‘mir ustida pishayotgan baliqni ko‘rdilar. Iso ularga: — Hozir tutgan balig‘ingizdan olib kelinglar, — dedi. Shimo‘n Butrus borib, to‘rni qirg‘oqqa tortib chiqardi. To‘r katta baliqlarga to‘la edi. Hammasi bo‘lib 153 ta baliq bor edi. Baliqlar ko‘pligiga qaramasdan, to‘r yirtilmadi. Iso shogirdlariga: — Qani kelinglar, nonushta qilib olinglar, — dedi. Ulardan hech biri: “Siz kimsiz?” — deb so‘rashga botinolmadi, chunki Uning Rabbimiz Iso ekanligini bilar edilar. Iso ularning oldiga borib, nondan berdi, baliqdan ham berdi. Bu Isoning tirilganidan keyin uchinchi bor shogirdlariga zohir bo‘lishi edi. Nonushtadan keyin Iso Shimo‘n Butrusdan so‘radi: — Yuhanno o‘g‘li Shimo‘n, sen Meni ulardan ko‘proq yaxshi ko‘rasanmi? — Ha, Rabbim! Men Sizni yaxshi ko‘rishimni O‘zingiz bilasiz–ku, — dedi Unga Butrus. — Qo‘zilarimni o‘tlat, — dedi unga Iso. Iso ikkinchi marta Butrusdan so‘radi: — Yuhanno o‘g‘li Shimo‘n, sen Meni yaxshi ko‘rasanmi? — Ha, Rabbim! Sizni yaxshi ko‘rishimni O‘zingiz bilasiz–ku, — dedi Butrus Unga. — Qo‘ylarimni boq, — dedi unga Iso. So‘ng uchinchi marta Butrusdan so‘radi: — Yuhanno o‘g‘li Shimo‘n, sen Meni yaxshi ko‘rasanmi? Iso uchinchi marta yana shu savolni bergani uchun Butrus xafa bo‘ldi. — Rabbim! Siz hamma narsani bilasiz, men Sizni yaxshi ko‘rishimni ham bilasiz, — dedi Butrus. Iso unga shunday dedi: — Qo‘ylarimni o‘tlat! Senga chinini aytayin: yosh bo‘lganingda kamaringni o‘zing bog‘lar eding, xohlagan joyingga borar eding. Qariganingda esa qo‘llaringni uzatasan, boshqa birov seni bog‘laydi, seni xohlamagan joyingga olib boradi. Iso bu so‘zlar orqali Butrusning qay yo‘l bilan o‘lib, Xudoni ulug‘lashini bildirdi. So‘ngra unga: — Ortimdan yur! — dedi. Butrus burilib, Isoning sevikli shogirdi orqalaridan ergashib kelayotganini ko‘rdi. Bu shogirdi kechki ziyofatda engashib, Isodan: “ Hazrat, Sizni kim tutib beradi?” — deb so‘ragan edi. Butrus uni ko‘rib, Isodan: — Rabbim, uning taqdiri nima bo‘ladi? — deb so‘radi. Iso unga: — Men kelgunimgacha uning tirik qolishini istasam, bundan senga nima?! Sen ortimdan yuraver, — dedi. Shunday qilib, imonlilar orasida bu shogird o‘lmaydi, degan gap–so‘z tarqalib ketdi. Holbuki, Iso uni o‘lmaydi, demagandi. U faqat: “Agar Men kelgunimgacha uning tirik qolishini istasam, bundan senga nima?!” — deb aytgan edi. Ana shu shogird bu hodisalarning hammasiga guvoh bo‘lib, ularni yozib olgan. Uning guvohligi haqiqat ekanligini bilamiz. Iso yana ko‘p boshqa ishlar qilgan. Bular birma–bir yozib chiqilganda edi, yozilgan kitoblar olamga ham sig‘mas edi, deb o‘ylayman. Ey Teofil, birinchi kitobimda Iso faoliyatining boshidan to oxirigacha qilgan va o‘rgatgan hamma ishlari to‘g‘risida yozgandim. U osmonga ko‘tarilmasdan oldin, Muqaddas Ruh kuchi orqali O‘zi tanlagan havoriylarga ko‘rsatmalar bergan edi. Iso azob chekib o‘lgandan keyin, bir qancha ishonchli dalillar orqali havoriylarga tirilganini ko‘rsatdi. Qirq kun davomida ularga zohir bo‘lib, Xudoning Shohligi to‘g‘risida gapirdi. Iso o‘z havoriylari bilan yeb–ichar ekan, ularga shunday amr berdi: — Quddusdan ketib qolmanglar, Otamning bergan va’dasi bajo bo‘lishini kutinglar. Bu va’da haqida sizlarga aytgan edim. Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirar edi, sizlar esa yaqin kunlarda Muqaddas Ruhga cho‘mdirilasizlar. Havoriylar birga yig‘ilganlarida, Isodan shunday deb so‘radilar: — Rabbimiz, hozir Isroilda Shohlikni Siz tiklaydigan vaqt emasmi? Iso ularga shunday javob berdi: — Vaqt va davrlarni Otam O‘z hokimiyati orqali o‘rnatgan, bularni bilish sizning ishingiz emas. Ammo Muqaddas Ruh sizlarni qamrab olganda, kuch–qudratga to‘lasizlar. Quddusda, Yahudiya va Samariyada, yer yuzining hamma burchaklarida sizlar Mening shohidlarim bo‘lasizlar. Iso shu gaplarni aytgandan keyin, havoriylarning ko‘zi oldida osmonga ko‘tarildi. Bulut Isoni havoriylarning ko‘zlaridan yashirdi. Iso ko‘tarilib ketgandan keyin ham havoriylar ko‘zlarini uzmay osmonga qarab turardilar. Shu payt birdan oq kiyim kiygan ikki odam ularning oldida paydo bo‘ldi. — Ey Jalilaliklar! — dedi ular. — Nimaga osmonga qarab turibsizlar? Iso osmonga ko‘tarilganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizlar. U osmonga qanday ko‘tarilgan bo‘lsa, xuddi shunday qaytib keladi. Shundan keyin ular Zaytun deb atalgan tog‘dan Quddusga qaytib keldilar. Zaytun tog‘i Quddus yonida bo‘lib, shahardan taxminan yarim soatlik yo‘l edi. Ular shaharga kirganlaridan keyin, o‘zlari turadigan xonadonning boloxonasiga chiqdilar. Butrus, Yuhanno, Yoqub, Idris, Filipp, To‘ma, Bartolomey, Matto, Altey o‘g‘li Yoqub, vatanparvar Shimo‘n, Yoqub o‘g‘li Yahudo shu yerda edilar. Ular doimo ibodat qilgani yig‘ilishardi. Ular qatorida ba’zi bir ayollar, shuningdek Isoning onasi Maryam va Uning ukalari ham bor edi. [15-17] Bir kuni yuz yigirmata imonli birodar yig‘ilgan edilar. Butrus ular oldida turib, shunday dedi: — Birodarlarim! Muqaddas Ruh oldindan Dovud orqali Yahudo haqida bashorat qilgandi. Muqaddas Bitiklardagi uning bu so‘zlari amalga oshishi kerak edi. Yahudo bizlarning birimiz hisoblanib, bu xizmatda ishtirok etishga tanlangandi. Ammo u Isoni qamash uchun kelganlarga boshchilik qildi. *** *** Keyin yovuz ishi bilan qo‘lga kiritgan pulga dala sotib oldi. Ammo o‘sha yerda yiqilib tushdi, qorni yorilib, ichak–chovoqlari chiqib ketdi. Bu voqea butun Quddus aholisiga ma’lum bo‘ldi, shuning uchun odamlar o‘sha joyni Haqaldama, ya’ni Qon dalasi deb atadilar. Zabur kitobida shunday yozilgan: Uning makoni tashlandiq bo‘lib qolsin, U yerda yashaydigan biron jon qolmasin. Yana shunday deyilgan: Uning o‘rnini boshqasi olsin. [21-22] Shunga ko‘ra, biz Yahudoning o‘rniga boshqa bir odamni tanlashimiz kerak. Toki u, biz singari, Rabbimiz Isoning tirilgani haqida guvohlik bersin. Bu odam Rabbimizning Yahyo tomonidan suvga cho‘mdirilgan kunidan boshlab, to osmonga ko‘tarilgan vaqtgacha bizga hamrohlik qilganlardan biri bo‘lishi shart. *** Shunday qilib, ular ikki kishini oldinga chiqardilar. Ulardan biri Yusuf (uning yana Barsabo va Yustus degan ismi bor edi), ikkinchisi esa Mattiya edi. [24-25] Ular ibodat qilib, shunday dedilar: “Ey Rabbimiz! Sen hamma odamlarning yuragini bilasan. Mana shu ikkovidan qaysi birini havoriylik xizmati uchun tanlaganingni bizga ko‘rsatgin, chunki Yahudo xizmatini tashlab, o‘ziga tegishli yerga ketgan.” *** Havoriylar ular uchun qur’a tashladilar. Qur’a Mattiyaning chekiga tushdi. Mattiya o‘n bir havoriyga qo‘shildi. Hosil bayrami kuni kelganda, hamma imonlilar bir joyda yig‘ildilar. Birdan osmondan shiddatli shamol esganga o‘xshash ovoz kelib, ular o‘tirgan uyning ichini to‘ldirdi. Ular til shaklidagi alangani ko‘rdilar. O‘sha alanga yoyilib, har birining ustiga tushdi. Shunda hammalari Muqaddas Ruhga to‘ldilar, Muqaddas Ruh bergan qobiliyatga ko‘ra, ular boshqa tillarda gapira boshladilar. O‘sha paytda Quddusda dunyodagi har bir yurtdan kelgan taqvodor yahudiylar yashar edi. Ular bu ovozni eshitganlarida, bir talay olomon yig‘ilib keldi. Har biri o‘z tilidagi gaplarni eshitib, dovdirab qoldi. Ular hayrat va hayajon ichida: — Qaranglar, gapirayotgan bu odamlar Jalilaliklar–ku! — deb xitob qildilar. — Qanday qilib har birimiz tug‘ilgan yurtimizning tillarini eshityapmiz? Oramizda Parfiyadan, Midiya, Elam, Mesopotamiya, Yahudiya, Kappadokiya, Pontus va Asiyadan kelganlar bor. Frigiya, Pamfiliya, Misr, Liviyaning Kirineyaga yaqin yerlaridan kelganlar ham bor. Ba’zilarimiz Rimdan kelganmiz, biz yahudiylarmiz, oramizda yahudiy diniga kirgan Rimliklar ham bor. Ba’zilarimiz Krit va Arabistondan kelganmiz. Shunday bo‘lsa ham ular Xudo qilgan qudratli ishlar to‘g‘risida bizning tillarimizda gapirishayotganini hammamiz eshityapmiz. Ular hayratlanib, boshlari qotib, bir–birlaridan: “Bu nimadan darak beradi?” deb so‘rardilar. Boshqalar esa: “Iye, ular ichib mast bo‘lib qolibdilar–ku”, deb masxara qilishardi. Shunda Butrus o‘n bir havoriy bilan oldinga chiqdi–da, olomonga qarata shunday gapirdi: — Ey yahudiy birodarlar, Quddus aholisi! Gapimga quloq solib, shuni uqib olinglar! Bu odamlarni sizlar mast deb o‘ylayapsizlar, ammo unday emas. Axir, endigina ertalab soat to‘qqiz bo‘ldi–ku! Aksincha, Yo‘el payg‘ambarning aytganlari bajo bo‘lmoqda: “Xudo aytmoqda: ‘Oxirgi kunlarda, O‘z Ruhimni yog‘diraman har bir inson ustiga, Vahiylar keladi yigitlaringizga. Bashorat qilurlar sizning o‘g‘il–qizlaringiz. Karomatli tushlar ko‘rurlar qariyalaringiz. O‘z Ruhimni yog‘diraman o‘sha kunlarda Hattoki qulu cho‘rilaringiz ustiga. Ular bashorat qilurlar. [19-20] Mening buyuk va dahshatli kunim kelishidan oldin, Men osmonda mo‘jizalar yarataman, Yerda alomatlar ko‘rsataman: Qon, olov, qalin tuman hosil qilaman. Quyosh qorayadi, oy qon tusiga kiradi.’ *** Rabbimizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi.” Ey Isroil xalqi, bu gaplarimni eshitib olinglar: Nosiralik Iso orqali Xudo sizlarning orangizda mo‘jizalar va alomatlar ko‘rsatdi. Shu yo‘l bilan Isoda ilohiy hokimiyat borligini Xudo tasdiqladi. Buni o‘zlaringiz bilasizlar. Xudo O‘zining rejasi bo‘yicha Isoni sizlarning qo‘lingizga topshirishni azaldan qaror qilgan edi. Sizlar esa g‘ayriyahudiylarning qo‘llari bilan Uni xochga mixlatib o‘ldirdingizlar. Ammo Xudo Uni tiriltirib, o‘lim azoblaridan ozod qildi. O‘lim o‘z kuchi bilan Isoni ushlab turishga qodir emasdi. Dovud U haqda shunday degan edi: Men doim Egamni birinchi o‘ringa qo‘yaman, U o‘ng tomonimda bo‘lgani uchun Meni hech narsa qo‘zg‘ata olmas. Shu bois, ey Egam, yuragim quvonchga to‘la, Tilim ham shod–xurramdir. Tanam umid bilan yashaydi. Meni o‘liklar diyoriga tashlab ketmaysan, Taqvodoringni qabrda chiritmaysan. Menga hayot so‘qmoqlarini O‘zing ko‘rsatasan, Huzuringda shodlik Meni qamrab oladi. Birodarlarim! Bobomiz Dovud to‘g‘risida sizlarga ochiq–oydin gapirishim kerak. U o‘ldi, dafn qilindi, uning qabri bugungacha shu yerdadir. U payg‘ambar bo‘lgani bois, Xudo unga: “O‘z naslingdan bo‘lgan bittasini taxtingga o‘tqazaman”, deb ichgan ontini yodida tutardi. Dovud kelajakni oldindan ko‘rib, Masihning tirilishi to‘g‘risida shunday degan edi: “Xudo Uni o‘liklar diyorida qoldirmadi, Uning tanasi qabrda chirimadi.” Ana shu Isoni Xudo tiriltirdi, bunga hammamiz guvohmiz. Xudo Isoni o‘ng qo‘li bilan yuksaltirdi. Iso Otadan va’da qilingan Muqaddas Ruhni qabul qilib, bizning ustimizga yog‘dirdi. Buni o‘zlaringiz ko‘rib va eshitib turibsizlar. [34-35] Dovud osmonga chiqmagan bo‘lsa–da, shunday degan edi: “Egamiz aytmoqda Rabbimga: ‘Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirgin.’” *** Butun Isroil xalqi shuni aniq bilib qo‘ysin: sizlar mixlagan Isoni Xudoning O‘zi jamiki borliq ustidan hukmdor qildi. Iso ham Masih, ham Rabbiydir. Xaloyiq bu gaplarni eshitdi–yu, yuraklari tilka–pora bo‘ldi. Ular Butrusdan va qolgan havoriylardan: — Birodarlar, endi biz nima qilaylik? — deb so‘radilar. Butrus ularga dedi: — Tavba qilinglar, har biringiz Iso Masihning nomi bilan suvga cho‘minglar, toki gunohlaringiz kechirilsin. Shunda sizlar Muqaddas Ruhni in’om qilib olasizlar. Xudo sizlarga va bolalaringizga, uzoqdagilarga, Egamiz Xudo O‘ziga da’vat etganlarning har biriga va’dasini bergan. Butrus boshqa ko‘p dalillar bilan ularga guvohlik berib: “O‘zlaringizni bu buzuq nasl ustiga kelayotgan jazodan saqlanglar”, deya o‘tindi. Shunday qilib, Butrusning aytgan xabariga ishonganlar suvga cho‘mdirildi. O‘sha kuni imonlilar soni uch mingtaga ko‘paydi. Ular havoriylarning ta’limotini o‘rganishga, birodarlikka, Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirishga va ibodatga o‘zlarini bag‘ishladilar. Havoriylar orqali Xudo ko‘plab mo‘jizalar va alomatlar ko‘rsatardi, bundan esa hamma hayratga tushgan edi. Barcha imonlilar tez–tez yig‘ilishib turar edilar. Ular hamma narsada hamjihat edilar. Mol–mulklarini sotib, pulini har kimning ehtiyojiga qarab taqsimlab berardilar. Imonlilar har kuni Ma’badda yig‘ilardilar. Bir–birlarinikiga mehmonga borganda esa Rabbimiz Isoni xotirlash uchun non sindirardilar, yurakdan sevinib, soddadillik bilan ovqatlanishardi. Xudoga hamdu sanolar aytardilar, xalqning hurmatu e’tiboridan bahramand edilar. Har kuni Egamiz najot topayotganlarni imonlilarning qatoriga qo‘shardi. Bir kuni Butrus bilan Yuhanno kunduzi soat uchlarda — ibodat vaqtida Ma’badga ketayotgan edilar. O‘sha paytda Ma’bad oldiga bir shol odamni olib kelishdi. Uni har kuni Ma’badning Go‘zal degan darvozasiga keltirib qo‘yishardi, u esa tilanchilik qilib, Ma’badga kelgan odamlardan sadaqa yig‘ardi. O‘sha odam Butrus bilan Yuhannoning kelayotganini ko‘rib, sadaqa berib ketinglar, deb yalindi. Ikkovi unga tikildi. Shu payt Butrus: — Bizga qara! — dedi. U odam biron narsa olish ilinjida ikkoviga diqqat bilan qaradi. Butrus esa unga dedi: — Mening pulim yo‘q, ammo o‘zimda bor narsani senga beraman. Nosiralik Iso Masih nomi bilan senga buyuraman: o‘rningdan turib yur! Shundan keyin Butrus shol odamni o‘ng qo‘lidan ushlab, o‘rnidan turishiga ko‘maklashdi. Shu zahoti shol odamning oyoqlari bilan to‘piqlari mustahkam bo‘ldi. U sakrab turdi–yu, yura boshladi. Keyin u yurib, sakrab, Xudoga hamdu sano aytib, Butrus va Yuhanno bilan birga Ma’bad hovlisiga kirdi. Yurib Xudoga hamdu sano aytayotgan bu odamni xalq ko‘rib, tanidi. Odamlar: “Go‘zal darvozasi yonida o‘tirib, sadaqa so‘raydigan odam–ku bu!” deb hayratlanib, yuz bergan voqeadan hayron qoldilar. Butrus bilan Yuhanno Sulaymon ayvoni degan joyda turar edilar. Shol odam ikkovining qo‘lidan mahkam ushlab olgan edi. Xalq hayrat ichida ularning oldiga yugurib keldi. Butrus odamlarni ko‘rgach, ularga qarata nutq so‘zladi: — Ey Isroil xalqi! Nega bunga hayron bo‘lyapsizlar? Xuddi biz o‘z qudratimiz yoki xudojo‘yligimiz bilan bu odamga shifo berganday, nega bizga tikilib qarayapsizlar? Bu odamga ota –bobolarimiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi shifo berdi. Shu orqali Xudo O‘zining quli Isoni ulug‘ladi. Ammo sizlar Isoni tutib berdingizlar. Pilat Uni ozod etishga qaror qilganda ham, sizlar Uni Pilatning huzurida rad etdingizlar. Ha, sizlar Muqaddas va Solih bo‘lgan Isoni rad qilib, Uning o‘rniga bir qotilning ozod bo‘lishini talab qildingizlar. Sizlar hayotga boshlovchini o‘ldirdingizlar. Ammo Xudo Uni o‘likdan tiriltirdi. Biz bunga guvohmiz. O‘zlaringiz ko‘rib–bilib turgan mana bu odam Isoning nomiga bo‘lgan imoni tufayli soppa–sog‘ turibdi. Iso bergan bu imon uni ko‘z o‘ngingizda butunlay sog‘aytirdi. Ey birodarlar, sizlar Isoga qilgan bu yomonligingizni hukmdorlaringiz kabi bilmasdan qilganingizni bilaman. Ammo bu qilmishingiz orqali Xudo payg‘ambarlarning og‘zi bilan aytgan bashoratini bajo qildi. Axir, payg‘ambarlar, Masih azob chekadi, deb oldindan aytgan edilar. Endi tavba qilinglar, Xudoga yuz buringlar, toki gunohlaringiz kechirilsin. Shunda Egamiz sizlarga orom olish vaqtini ato qiladi. U sizlar uchun tanlangan Masih — Isoni yuboradi. Xudo O‘zining muqaddas payg‘ambarlari orqali azaldan e’lon qilganday, hamma narsalar yangilanadigan davr keladi. Ammo o‘sha davr kelguncha Iso osmonda qolishi kerak. Muso shunday degan edi: “Egangiz Xudo sizlar uchun xalqingiz orasidan menga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaradi. U sizlarga nima aytsa quloq solinglar. O‘sha payg‘ambarga itoat etmaydigan har kim Xudoning xalqi orasidan ajratib olinib, yo‘q qilinadi.” Haqiqatdan ham, Shomuil va undan keyin kelib xabar bergan hamma payg‘ambarlar biz yashayotgan bu kunlar haqida bashorat qilgan edilar. Xudoning O‘z payg‘ambarlari orqali bergan va’dalari sizlar uchundir. Sizlar Xudoning Ibrohim orqali ota–bobolaringiz bilan tuzgan ahdini o‘zlaringizga meros qilib olyapsizlar. Axir, Ibrohimga Xudo: “Sening zurriyoting orqali yer yuzidagi jamiki xalqlar baraka topadi”, deb aytgan edi. Xudo O‘z quli Isoni zohir qilgandan keyin, Uni birinchi bo‘lib sizlarning orangizga yubordi. Chunki U har biringizni yomon yo‘ldan qaytarib, sizlarga baraka bermoqchi. Butrus bilan Yuhanno xalqqa gapirib turganlarida, bir necha ruhoniylar, Ma’bad mirshabboshisi va sadduqiy mazhabining ba’zi a’zolari keldilar. Ularning qattiq jahli chiqqan edi, chunki bu ikkala havoriy xalqqa ta’lim berib, Iso o‘likdan tirildi, deb va’z qilayotgan edilar. Ular ikkala havoriyni ushlab, vaqt kech bo‘lgani uchun ertasi kun ertalabgacha qamoqda saqladilar. Ammo bu xabarni eshitganlarning ko‘pchiligi imonga keldi, imonlilar soni besh mingtaga ko‘paydi. Keyingi kun Oliy kengash a’zolari — yo‘lboshchilar, oqsoqollar, Tavrot tafsirchilari Quddusda yig‘ildilar. Oliy ruhoniy Hanan, Kayafa, Yuhanno, Iskandar va oliy ruhoniy oilasiga mansub bo‘lgan boshqa erkaklar yig‘inda ishitirok etdilar. Ular ikkala havoriyni o‘rtaga turg‘izib qo‘yib, so‘radilar: — Buni qanday qudrat bilan, kimning nomidan qildingizlar? Shunda Muqaddas Ruhga to‘lgan Butrus ularga shunday dedi: — Ey xalq yo‘lboshchilari, oqsoqollar! Agar bir xasta odamga qilingan yaxshilik tufayli bizdan hisob talab qilayotgan bo‘lsangiz va bu odamning qanday qilib sog‘ayganini so‘rayotgan bo‘lsangiz, sizlar, Isroil xalqi — hammalaringiz shuni bilib qo‘yinglarki, mana bu odam Nosiralik Iso Masih nomi bilan tamomila sog‘ayib, oldingizda turibdi. Isoni sizlar xochga mixlagan edingizlar, Xudo esa Uni o‘likdan tiriltirdi. Axir, Iso to‘g‘risida Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Siz, binokorlar, rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi.” Najot boshqa hech kimdan kelmaydi. Uning nomi — butun olamda najot beradigan yagona nomdir. Kengash a’zolari Butrus bilan Yuhannoning jasoratini ko‘rdilar va ularning o‘qimagan, oddiy odam ekanliklarini bilib, hayron qoldilar. Butrus bilan Yuhanno Isoning sheriklari ekanini angladilar. Shifo topgan odam ham ikkala havoriy bilan birga turgan edi. Shuning uchun xalq yo‘lboshchilari va oqsoqollar uni ko‘rib, ikkovining gaplariga qarshi biron so‘z ayta olmadilar. Shunday qilib, ular havoriylarga: “Majlisxonadan chiqinglar”, deb buyruq berdilar. So‘ngra o‘zaro muhokama qila boshladilar: — Bu odamlarni nima qilamiz? Bu ajoyib mo‘jizani mana shu odamlar qilganini Quddusdagi har bir odam biladi, biz buni inkor eta olmaymiz. Ammo bu xabar xalq orasida yanada yoyilib ketishining oldini olish uchun, bundan keyin Isoning nomi bilan hech kimga gapirmaysizlar, deb ularni ogohlantirib qo‘yamiz. Shunday qilib, ular ikkovini chaqirdilar va: “Isoning nomi bilan umuman gapirmaysizlar yoki ta’lim bermaysizlar”, deb buyruq berdilar. Butrus bilan Yuhanno esa ularga shunday javob qaytardilar: — Xudodan ko‘ra sizlarga itoat etsak, Xudoning nazarida to‘g‘ri bo‘ladimi? O‘zlaringiz xulosa chiqaraveringlar. Biz esa ko‘rganlarimiz va eshitganlarimiz to‘g‘risida gapirmasdan tura olmaymiz. Shunday qilib, Kengash a’zolari ularni oxirgi marta ogohlantirib, qo‘yib yubordilar. Ularni jazolash uchun hech qanday sabab topa olmagandilar, chunki butun xalq yuz bergan voqeani bilib, Xudoga hamdu sano aytardi. Axir, mo‘jizali alomat tufayli shifo topgan odam qirq yildan oshiq vaqt davomida shol bo‘lgan edi. Butrus bilan Yuhanno ozod bo‘lishlari bilanoq, do‘stlarining oldiga qaytib keldilar va bosh ruhoniylar bilan oqsoqollarning ularga aytgan gaplarini so‘zlab berdilar. Do‘stlari bu gaplarni eshitganlaridan keyin, hammalari birgalikda baland ovozda Xudoga shunday deb ibodat qildilar: — Ey Egamiz! Sen yeru osmonni, dengizu ulardagi hamma narsalarni yaratgansan! Quling — bobomiz Dovud orqali Muqaddas Ruhing bilan shunday degansan: Nega quturadi xalqlar?! Nega behuda fitna qilar elatlar?! Egamizga va Uning Masihiga qarshi Zamin shohlari saf tortdilar, Hukmdorlar Unga qarshi birlashdilar. Haqiqatan, Hirod bilan Pontiy Pilat g‘ayriyahudiylar va Isroil xalqi bilan birga bu shaharda Sening muqaddas quling, O‘zing Masih qilib tanlagan Isoga qarshi to‘plandilar. Qudrating va xohish–irodang bilan O‘zing ilgaridan qaror qilgan hamma narsani ular ijro etdilar. Endi, ey Egamiz, ularning tahdidlariga qara! Bu qullaring jasorat bilan Sening so‘zingni aytishlari uchun bizga imkon ber. Qudratingni ko‘rsat, toki Muqaddas quling Iso nomi bilan xastalarga shifo beraylik, alomatlar va mo‘jizalar ko‘rsataylik. Hammalari ibodat qilib bo‘lganlaridan keyin, ular yig‘ilib turgan joy silkindi. Hammalari Muqaddas Ruhga to‘lib, Xudoning so‘zini jasorat bilan gapiradigan bo‘ldilar. Imonga kelganlar yakdil va hamjihat edilar. Ulardan birontasi o‘ziga qarashli biron narsani “Bu meniki”, deb aytmas, bor mol–mulklarini umumiy deb bilishardi. Havoriylar buyuk qudrat bilan Rabbimiz Isoning tirilganiga guvohlik berardilar. Xudo ularning hammalariga mo‘l–ko‘l muruvvat ko‘rsatardi. Imonlilarning orasida bironta muhtoj odam yo‘q edi. Dala yoki uy–joy egalari bor narsalarini sotardilar, sotuvdan tushgan mablag‘ni olib kelib, havoriylarning ixtiyoriga berardilar. Pullar odamlarning ehtiyojiga qarab taqsimlanardi. Imonlilar orasida levilardan bo‘lgan Yusuf ismli bir odam bor edi. U asli Kiprdan edi. Havoriylar unga Barnabo, ya’ni “dalda beruvchi” degan nom bergan edilar. Yusuf ham dalasini sotib, pulini havoriylarga in’om qildi. Hananiya degan bir odam xotini Sapfira bilan kelishib, mulkidan bir qismini sotdi. Hananiya pulning bir qismini o‘ziga olib qoldi. Xotini bu haqda bilardi. Hananiya pulning qolganini havoriylarga olib borib berdi. Butrus undan so‘radi: — Hananiya, nimaga shaytonga qalbingdan joy berib, Muqaddas Ruhga yolg‘on gapirding? Yerning pulidan bir qismini olib qolding–ku! Mulkingni sotmasingdan oldin, u seniki edi, sotganingdan keyin ham, pul seniki edi. Bunday ish qilishga qanday jur’at etding?! Sen odamlarga emas, balki Xudoga yolg‘on gapirding! Hananiya bu so‘zlarni eshitishi bilanoq yerga yiqilib jon berdi. Bu voqeani eshitganlarning hammasi qattiq vahimaga tushib qoldi. Yigitlar kelib, uning jasadini kafanladilar, keyin uni olib chiqib, dafn qildilar. Uch soatlardan keyin Hananiyaning xotini keldi. Yuz bergan hodisadan u bexabar edi. Butrus ayoldan so‘radi: — Menga ayt–chi, sen bilan ering yerlaringizni falon–falon narxga sotdingizlarmi? — Ha, o‘shancha narxga sotdik, — deb javob berdi ayol. Shunda Butrus ayolga dedi: — Nima uchun sizlar Egamizning Ruhini sinashga qaror qildingizlar? Ana, eringni dafn qilgan odamlar eshikdan kirib kelishyapti. Endi ular seni ham olib chiqadilar. Shu zahoti ayol ham yiqildi–yu jon berdi. Yigitlar kirib kelib ko‘rdilarki, ayol jon beribdi. Ular ayolni ham olib borib, erining yoniga dafn qildilar. Bu voqeani eshitgan odamlar va butun jamoat vahimaga tushib qoldilar. Havoriylar xalq orasida ko‘plab mo‘jizalar va ajoyibotlar ko‘rsatardilar. Hamma imonlilar Sulaymon ayvonida yig‘ilishardi. Xalq ularga g‘oyat hurmat ko‘rsatar, begonalardan hech kim ularga qo‘shilishga jur’at qilolmasdi. Ammo Rabbimiz Isoga imon keltirib, jamoatga qo‘shilgan erkagu ayollar soni tobora ko‘payib boraverdi. Odamlar: “Butrus yo‘ldan o‘tayotganda, uning soyasi bularning ustiga tushsin”, deb xastalarni ko‘chalarga olib chiqishardi. Ularni chorpoyalarga, to‘shaklarga yotqizib qo‘yishardi. Bir talay olomon ham Quddus atrofidagi qishloqlardan keldi. Ular ham xasta, yovuz ruhlardan azob chekayotganlarni olib kelgan edilar. Xastalarning hammasi shifo topdi. Shunda sadduqiy mazhabidan bo‘lgan oliy ruhoniy va uning barcha sheriklari havoriylarga qahrini sochdilar. Ular havoriylarni hibsga olib, davlat qamoqxonasiga tashladilar. Ammo tunda Egamizning bir farishtasi qamoqxona eshigini ochdi, havoriylarni tashqariga olib chiqib, shunday dedi: — Boringlar, Ma’badda turib, bu yangi hayot to‘g‘risidagi xabarni odamlarga aytinglar. Havoriylar bu gapni eshitib, azonda Ma’bad hovlisiga kirdilar va odamlarga ta’lim bera boshladilar. Oliy ruhoniy va uning yonidagilar Oliy kengashni va hamma Isroil oqsoqollarini chaqirtirdilar. Havoriylarni olib kelish uchun qamoqxonaga odam yubordilar. Ma’bad qorovullari borib, qamoqxonada havoriylarni topa olmadilar. Ular qaytib kelib, xabar berdilar: — Borsak, qamoqxona mahkam qulflangan, soqchilar eshik oldida turishgan ekan. Ammo eshiklarni ochib ichkariga kirganimizda, ichkarida hech kimni topa olmadik. Ma’bad mirshabboshisi va bosh ruhoniylar bu so‘zlarni eshitib, havoriylarga nima bo‘ldi ekan, deb hayron bo‘ldilar. Shu payt bir odam kelib, shunday xabar berdi: — Sizlar qamoqqa tashlagan odamlar Ma’bad hovlisida turibdilar, odamlarga ta’lim beryaptilar. Mirshabboshi bilan Ma’bad qorovullari borib, havoriylarni hibsga oldilar, ammo zo‘rlik qilmadilar. “Odamlar bizni toshbo‘ron qilmasin”, deb qo‘rqdilar. Ular havoriylarni olib kelib, Oliy kengash oldida turg‘izib qo‘ydilar. Oliy ruhoniy ularni so‘roqqa tutdi: — Biz sizlarga, bu Odamning nomi bilan ta’lim bermanglar, deb qat’iy taqiqlamaganmidik?! Axir, nima qilib qo‘ydingizlar? Butun Quddus bo‘ylab ta’limotingizni yoyib yubordingizlar–ku! Bu Odamning qonini bizning gardanimizga yuklayapsizlar! Ammo Butrus bilan havoriylar shunday javob berdilar: — Biz insonga emas, Xudoga itoat etishimiz lozim. Sizlar Isoni yog‘ochga mixlab o‘ldirgan edingizlar, ota –bobolarimizning Xudosi esa Uni tiriltirdi. Iso Isroil xalqini tavbaga olib kelsin, ularning gunohlari kechirilsin, deb Xudo Isoni Sarvar va Najotkor qilib tayinladi. Uni o‘ng qo‘li bilan yuksaltirdi. Biz bularga guvohmiz, Muqaddas Ruh ham guvohdir. Xudo Muqaddas Ruhni Unga itoat etadiganlarga in’om qilgan. Oliy kengash bu gaplarni eshitib, g‘azabga mindi, havoriylarni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Oliy kengashda xalqning hurmatiga sazovor bo‘lgan bir Tavrot tafsirchisi bor edi. Uning ismi Gamaliel bo‘lib, u farziylardan edi. Gamaliel o‘rnidan turib, havoriylarni qisqa vaqtga tashqariga olib chiqishlarini buyurdi. Shundan keyin u Oliy kengashga dedi: — Isroillik birodarlar, bu odamlarni biron narsa qilmoqchi bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘linglar. Esingizda bo‘lsa, bir qancha vaqt oldin Fevda degan odam buyuklikka da’vo qilgandi. Hatto to‘rt yuztacha odam unga ergashdi. Ammo Fevda o‘ldirildi, uning izdoshlari tarqalib, yo‘q bo‘lib ketdi. Shundan keyin aholini ro‘yxatga olish paytida paydo bo‘lgan Jalilalik Yahudo bir qancha odamni ortidan ergashtirdi. U ham halok bo‘ldi, unga ergashganlarning hammasi tarqalib ketdi. Shu bois sizlarga aytyapman: bu odamlarga qarshi biron harakat qila ko‘rmanglar. Ularni o‘z holiga qo‘yinglar! Ularning rejalari va qilayotgan ishlari insonniki bo‘lsa, bu ishlari barham topadi. Agar Xudodan bo‘lsa, sizlar ularni mag‘lub qila olmaysizlar. Yana o‘zlaringiz Xudoga qarshi jang qilayotgan bo‘lib qolmanglar. Shunday qilib, Oliy kengash Gamalielning maslahatiga rozi bo‘ldi. Ular havoriylarni chaqirib, qamchi bilan savalatdilar, “Hech qachon Isoning nomi bilan gapirmaysizlar”, deb buyruq berib, qo‘yib yubordilar. Havoriylar Oliy kengash huzuridan xursand bo‘lib chiqdilar, chunki ular “Xudo bizni Isoning nomi uchun haqoratlanishimizga loyiq hisobladi”, der edilar. Ular har kuni Ma’bad hovlisida va odamlarning uylarida ta’lim berardilar. Isoning Masih ekani to‘g‘risidagi Xushxabarni va’z qilishda davom etaverdilar. Shu vaqt davomida shogirdlarning soni ortib boraverdi. Ammo shu paytda yunonzabon va oromiyzabon imonli yahudiylar orasida ziddiyat paydo bo‘ldi. Yunonzabon yahudiylar: “Kundalik oziq–ovqat taqsimlanganda, bizning bevalarimiz e’tibordan chetda qolyaptilar”, deb e’tiroz bildirdilar. O‘n ikki havoriy jamiki shogirdlarni yig‘ib, ularga shunday dedilar: — Biz Xudoning kalomini va’z qilishni bir chetda qoldirib, ozuqa tarqatish bilan ovora bo‘lishimiz to‘g‘ri emas. Birodarlar, orangizdan yetti kishini tanlanglar. Ular obro‘–e’tiborga ega, Muqaddas Ruhga va donolikka to‘lib–toshgan bo‘lsin. Ularni bu xizmatga tayin etaylik. Biz esa o‘zimizni ibodatga va Xudoning kalomi xizmatiga bag‘ishlaylik. Ularning gapi butun jamoaga ma’qul bo‘ldi. Jamoa imonga va Muqaddas Ruhga to‘la Stefanni, shuningdek Filip, Proxor, Nikanor, Timon, Parmen va yahudiy diniga kirgan Antioxiyalik Nikolayni tanladilar. Ular bu odamlarni havoriylarning oldiga turg‘izib qo‘ydilar. Havoriylar ularga qo‘llarini qo‘yib, ibodat qildilar. Shunday qilib, Xudoning so‘zi yoyilib boraverdi. Shogirdlar soni Quddusda ko‘paydi. Ruhoniylarning ko‘pchiligi imonga keldilar. Stefan Xudoning marhamatiga va ilohiy qudratga to‘lgan edi. U xalq orasida ajoyib mo‘jizalar va alomatlar ko‘rsatdi. Ammo Ozodlar degan sinagoga a’zolarining ba’zilari — Kirineyaliklar, Aleksandriyaliklar, shuningdek Kilikiya va Asiyaliklar Stefan bilan bahslasha boshladilar. Muqaddas Ruh Stefanga ko‘p donolik berdi, shuning uchun ular Stefanning gaplarini inkor qila olmadilar. Shundan keyin sinagoga a’zolari ba’zi odamlarni gijgijlab: “Stefan Musoga va Xudoga qarshi kufr so‘zlar aytganini eshitdik”, — deb aytishga ko‘ndirdilar. Shu yo‘l bilan ular xalqni, oqsoqollarni, Tavrot tafsirchilarini qayradilar. Ular Stefanni ushlab, Oliy kengashga olib keldilar. Shunda ular soxta guvohlarni yolladilar. Soxta guvohlar shunday dedilar: “Bu odam mana shu muqaddas Ma’badga va qonunga qarshi gaplar aytishdan to‘xtamayapti. Uning aytishicha, Nosiralik Iso Ma’badni qulatar emish, Muso bizlarga bergan urf–odatlarni o‘zgartirar emish.” Oliy kengashda o‘tirganlar Stefanga tikilib qaradilar, uning yuzi xuddi farishtaning yuziga o‘xshash ekanini ko‘rdilar. Oliy ruhoniy Stefandan: “Shu gaplar rostmi?” deb so‘radi. Stefan shunday javob berdi: “ Birodarlar, otalar! Mening gaplarimga quloq solinglar. Bobomiz Ibrohim hali Xoronda yashamasdan oldin — Mesopotamiyada bo‘lgan paytda ulug‘vor Xudo unga zohir bo‘lib, shunday dedi: ‘O‘z yurtingdan, qarindosh–urug‘laring oldidan chiqib ket. Men senga bir yurtni ko‘rsataman, o‘sha yerga borasan.’ Shundan keyin Ibrohim Xaldeylar yurtini tark etib, Xoronga borib o‘rnashdi. Ibrohimning otasi vafot etgach, Xudo uni Xorondan hozir sizlar yashab turgan yurtga ko‘chirdi. Xudo Ibrohimga u yerdan mulk bermadi, hatto bir qarich yer ham bermadi. Lekin Ibrohimga va uning nasliga o‘sha yurtni mulk qilib berishni va’da qildi. Vaholanki, o‘sha payda Ibrohimning farzandi yo‘q edi. Xudo unga shunday dedi: “Sening nasling begona bir yurtda musofir bo‘lib yashaydi. To‘rt yuz yil qul bo‘lib, jabr–zulm tortadi. Ammo ularni qul qilib oladigan xalqni Men jazolayman. Shundan keyin ular o‘sha yurtdan chiqadilar va bu yerda Menga sajda qiladilar.” Keyin Xudo unga sunnat ahdini berdi. Shunday qilib, Ibrohimdan Is’hoq tug‘ildi. Is’hoqni sakkiz kunligida Ibrohim sunnat qildi. Is’hoqdan Yoqub tug‘ildi, u ham sunnat qilindi. Yoqubdan o‘n ikki qabila asoschilari tug‘ildi, ular ham sunnat qilindi. Yoqubning o‘g‘illari o‘zlarining ukalari Yusufga hasad qilib, uni Misrga sotib yubordilar. Ammo Xudo Yusuf bilan birga bo‘lib, uni hamma kulfatlardan saqlab qoldi. Xudo Yusufni shunchalik dono qildiki, u Misr fir’avnining iltifotiga sazovor bo‘ldi. Fir’avn Yusufni butun Misr va o‘zining xonadoni ustidan hokim qilib tayinladi. O‘sha davrda butun Misr va Kan’on bo‘ylab ocharchilik tarqaldi, ko‘p azob–uqubatlar kelib chiqdi. Ota –bobolarimiz yegulik topa olmay qoldilar. Yoqub, Misrda don bor ekan, deb eshitib qoldi. U o‘g‘illarini, ya’ni bizning bobolarimizni Misrga birinchi bor safarga jo‘natdi. Ular Misrga ikkinchi marta borganlarida, Yusuf akalariga o‘zini tanitdi. Shunday qilib, Yusufning urug‘–aymog‘i fir’avnga ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin Yusuf otasi Yoqubni, hamma qarindosh–urug‘larini yoniga chaqirdi. Ular hammasi bo‘lib yetmish besh kishi edilar. Shunday qilib, Yoqub Misrga ketdi. Yoqub ham, uning o‘g‘illari, ya’ni ota–bobolarimiz ham Misrda vafot etdilar. Ularning suyaklarini Shakam shahriga olib kelib, Ibrohimning maqbarasiga qo‘ydilar. Bu maqbarani Ibrohim shakamlik Xamo‘rning o‘g‘illaridan bir qancha kumushga sotib olgan edi. Xudoning Ibrohimga bergan va’dasi amalga oshadigan payt yaqinlashgani sari, Misrdagi xalqimiz g‘oyat ko‘payib borar edi. Misrni boshqa hukmdor boshqara boshladi. U Yusuf to‘g‘risida hech narsa bilmasdi. Ular ota–bobolarimizga nayrang ishlatdilar. Ota–bobolarimiz chaqaloqlaridan voz kechishlariga to‘g‘ri keldi, chaqaloqlari o‘ldirildi. Shu paytda Muso tug‘ilgan edi. U juda ajoyib bola edi. Ota–onasining uyida Musoni uch oy parvarishlaganlaridan keyin oxiri, voz kechishga majbur bo‘ldilar. Fir’avnning qizi Musoni saqlab olib, o‘z o‘g‘liday tarbiya qildi. Musoga Misrliklarning ilmu ma’rifati o‘rgatildi, u so‘zda ham, ishda ham buyuk odam bo‘ldi. Muso qirq yoshga kirganda, uning yuragida qardoshlari bo‘lgan Isroil xalqini ko‘rish orzusi tug‘ildi. Misrliklardan biri Isroil xalqidan bittasiga shafqatsizlik qilayotganini ko‘rganda, Muso qardoshini himoya qildi. Misrlikni o‘ldirib, qardoshining o‘chini oldi. Muso: “Xudo men orqali xalqimni ozod qilmoqchi, buni xalqim tushunsa kerak”, deb o‘yladi. Ammo ular tushunmadilar. Keyingi kuni Muso Isroil xalqidan ikkitasi janjallashayotganini ko‘rib, ularni yarashtirmoqchi bo‘ldi: “Quloq solinglar, ey odamlar, axir, sizlar birodarsizlar! Nega bir–biringizni xafa qilyapsizlar?” Ammo qardoshini xafa qilayotgan odam Musoni turtib dedi: “Kim seni bizning ustimizdan hukmdor yoki hakam qilib qo‘ydi? Kecha Misrlikni o‘ldirganingday meni ham o‘ldirmoqchimisan?” Muso bu gapni eshitgach, Misrdan qochib ketdi va Midiyon yurtida musofir bo‘lib yashay boshladi. Bu yurtda Muso ikki o‘g‘il ko‘rdi. Oradan qirq yil o‘tgach, Sinay tog‘i yonidagi sahroda yonayotgan buta alangasi ichida Musoga bir farishta zohir bo‘ldi. Muso buni ko‘rib, hayron bo‘ldi. Yaxshiroq ko‘rish uchun butaga yaqin bordi. Shu payt u Egamizning ovozini eshitdi: “Men ota–bobolaringiz — Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman.” Muso qo‘rqqanidan titray boshladi. Shunda Egamiz Musoga dedi: “Oyog‘ingdagi chorig‘ingni yech, chunki sen turgan joy muqaddas yerdir. Misrda xalqimning qattiq azob chekayotganini ko‘rdim, ularning oh–vohlarini eshitdim. Men ularni ozod qilish uchun keldim. Endi kel, Men seni Misrga yuboraman.” Mana shu Musoni xalq rad qilib, unga: “Kim seni bizning ustimizdan hukmdor yoki hakam qilib qo‘ydi?” deb aytgandi. Xudoning O‘zi esa Musoni hukmdor va xaloskor qilib yubordi. U buni buta ichida zohir bo‘lgan farishta orqali amalga oshirdi. Muso Isroil xalqini Misrdan olib chiqdi. Misrda, Qizil dengizda va sahroda qirq yil davomida mo‘jizalar va alomatlar ko‘rsatdi. Isroil xalqiga: “Xudo sizlar uchun o‘zingizning xalqingiz orasidan menga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaradi”, deb aytgan ham o‘sha Muso edi. Sahroda Isroil xalqi bilan birga yashagan Musodir, Sinay tog‘ida otalarimiz bilan birga turgan, farishta bilan gaplashgan ham udir. U bizga berish uchun barhayot bashoratlarni qabul qildi. Ammo ota–bobolarimiz Musoga itoat etishni istamadilar. Aksincha, ular Musoni mensimay, ko‘ngillarida Misrga qaytishga moyil bo‘ldilar. Ular Xorunga shunday dedilar: “Biz uchun xudolar yasab ber, toki ular bizni yo‘lda boshlab borsin. Bizni Misrdan olib chiqqan Musoga nima bo‘lganini bilmaymiz.” O‘sha paytda ular buzoq yasadilar, o‘sha butga qurbonlik qildilar. Shunday qilib, qo‘llarining ijodi oldida ko‘ngilxushlik qildilar. Shu sababdan Xudo ulardan yuz o‘girdi, samoviy jismlarga sajda qilishsin, deb ularni tark etdi. Zotan, payg‘ambarlar kitobida shunday yozilgan: “Ey Isroil xalqi! Sahroda qirq yil yurganingizda, Menga jonliqlar so‘yib, qurbonliklar atadingizmi?! Yo‘q, xudo Malaxning chodirini, Xudoyingiz Rifonning yulduzini ko‘tarib yurdingiz, Sajda qilish uchun o‘sha tasvirlarni o‘zingiz yasadingiz. Shuning uchun sizlarni Bobildan nariga yuboraman.” Sahroda ota–bobolarimizning Ahd chodiri bor edi. Bu chodir Xudo Musoga buyurganday, U ko‘rsatgan namuna bo‘yicha yasalgan edi. Keyinroq o‘sha chodir otalarimizga berildi. Otalarimiz Yoshua bilan ketganlarida chodirni o‘zlari bilan olib ketdilar. O‘shanda otalarimiz Xudo quvib yuborgan xalqlarning yerini tortib olgan edilar. Chodir shoh Dovud zamonigacha o‘sha yurtda otalarimiz bilan qoldi. Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgan Dovud: ‘Yoqubning Xudosiga maskan qurib beray’, deb Undan izn so‘radi. Ammo Xudoga uyni Sulaymon qurib berdi. Vaholanki, Qodir Xudo inson qo‘llari bilan yasalgan uylarda istiqomat qilmaydi. Xudo payg‘ambar orqali aytganday: “ Osmon Mening taxtimdir, Yer oyog‘im tagidagi kursidir. Menga qanday uy qurib bera olasiz?! — demoqda Egamiz. — Qaysi joy Menga maskan bo‘la oladi?! Axir, hammasini O‘z qo‘llarim bilan yaratmaganmanmi?!” Sizlar o‘jar xalqsiz! Ey yuraklari, quloqlari sunnat qilinmaganlar! Sizlar ham, ota–bobolaringizga o‘xshab, har doim Muqaddas Ruhga qarshi turasizlar. Ota–bobolaringiz payg‘ambarlarning hammasini quvg‘in qilganlar! Solih Zotning kelishini bashorat qilganlarni ular o‘ldirganlar! Endi esa sizlar Solih Zotni sotib, qatl qildingizlar. Xudoning qonunini olgan sizlarsiz. Ammo o‘sha qonun sizlarga farishtalar orqali berilganiga qaramay, sizlar unga rioya qilmadingizlar.” Oliy kengash a’zolari Stefanning so‘zlarini eshitib, g‘azabga mindilar, g‘azabdan tishlarini g‘ijirlatdilar. Ammo Muqaddas Ruhga to‘lgan Stefan osmonga tikilib, Xudoning ulug‘vorligini ko‘rdi. Iso Xudoning o‘ng tomonida turar edi. “Qaranglar! — dedi Stefan. — Men osmon ochilganini ko‘ryapman. Inson O‘g‘li Xudoning O‘ng tomonida turibdi!” Ular esa qo‘llari bilan quloqlarini berkitib oldilar, so‘ng birdaniga hammalari ovozlari boricha baqirib, Stefanga tashlandilar. Ular Stefanni shahar tashqarisiga olib chiqdilar va toshbo‘ron qildilar. Unga qarshi guvohlik berganlar esa choponlarini Shoul degan yigitning oyoqlari ostiga qo‘ydilar. Ular Stefanni toshbo‘ron qilayotganlarida, Stefan: “Ey Rabbim Iso, ruhimni ol!” — deb ibodat qildi. So‘ngra u tiz cho‘kib, ovozi boricha baqirdi: “Ey Rabbim Iso! Bu gunohni ularga yuklama!” U shunday deb, jon berdi. Stefanning o‘limini Shoul ma’qullagan edi. O‘sha kundan Quddusdagi imonlilar jamoati shafqatsiz quvg‘inlardan azob cheka boshladi. Havoriylardan boshqa hamma imonlilar Yahudiya va Samariya viloyatlari bo‘ylab tarqalib ketdilar. Taqvodor odamlar Stefanni dafn qilib, unga qattiq aza tutdilar. Shoul esa jamoatni yo‘q qilish payiga tushgan edi. U uyma–uy yurib, erkagu ayol imonlilarni sudrab olib chiqar, ularni qamoqxonaga tashlar edi. Imonlilar tarqalib ketib, Iso haqidagi xabarni har joylarda va’z qilib yurardilar. Filip Samariyaning bosh shahriga borib, u yerdagi aholiga Masih to‘g‘risida va’z qildi. Filipni tinglab turgan va qilgan mo‘jizalarini ko‘rgan olomon uning gaplariga diqqat bilan quloq soldi. Yovuz ruhlar ko‘p odamlarning ichidan chinqirib chiqib ketardi, ko‘plab shol va cho‘loq odamlar shifo topar edilar. Shunday qilib, o‘sha shaharda katta shodlik hukm surardi. Shu yerda Shimo‘n degan bir odam yashardi. U anchadan beri sehr–jodular qilib, Samariya aholisini hayratda qoldirib kelardi. Shu tariqa u o‘zini buyuk odam qilib ko‘rsatardi. Shahardagi har bir odam — kattayu kichik uning gaplariga diqqat bilan quloq solar, “Bu odam Xudoning qudratidir, u Buyuk Qudrat deb nom olgan”, deb aytardi. Shimo‘n uzoq vaqt odamlarni sehr–jodulari bilan ajablantirib kelgani uchun ham, unga odamlar diqqat bilan quloq solishardi. Ammo Filip Xudo Shohligi va Iso Masih to‘g‘risidagi Xushxabarni va’z qilgandan keyin, odamlar Filipga ishondilar. Erkagu ayol suvga cho‘mdirildi. Hatto Shimo‘n ham imonga keldi. U suvga cho‘mdirilgandan keyin, yuz berayotgan alomatlaru buyuk mo‘jizalarni ko‘rib, hayratda qoldi va Filipdan ajralmaydigan bo‘ldi. Quddusdagi havoriylar, Samariya aholisi Xudoning kalomini qabul qilibdi, deb eshitganlari uchun, Butrus bilan Yuhannoni ularning oldiga yubordilar. Butrus bilan Yuhanno borib, Muqaddas Ruhni qabul qilib olinglar, deb Samariyaliklar uchun ibodat qildilar. Chunki hali Muqaddas Ruh ularning birontasini ham qamrab olmagan edi. Ular faqat Rabbimiz Iso nomi bilan suvga cho‘mdirilgan edilar, xolos. Shundan keyin Butrus bilan Yuhanno ularning ustiga qo‘llarini qo‘ydilar. Shu tariqa Samariyaliklar Muqaddas Ruhni qabul qildilar. Shimo‘n ko‘rdiki, odamlarning boshlariga havoriylar qo‘llarini qo‘yganlarida, Muqaddas Ruh ularga berilardi. Shimo‘n Butrus bilan Yuhannoga pul taklif qilib, dedi: — Shu qudratdan menga ham beringlar, toki birontasining boshiga qo‘llarimni qo‘yganimda, o‘sha odam Muqaddas Ruhni qabul qilsin. Ammo Butrus Shimo‘nga shunday javob berdi: — Puling o‘zing bilan birga do‘zaxga ravona bo‘lsin, chunki sen, Xudoning in’omini pulga sotib olsam bo‘ladi, deb o‘ylaysan. Bu ishda sening na ulushing, na haqing bor! Sening yuraging Xudo nazarida to‘g‘ri emas. Endi tavba qilib, bu fosiq niyatingdan qayt, “Meni kechirgin”, deb Egamizga ibodat qil, balki yuragingdagi niyatingni U kechirar. Ko‘rib turibman: yuraging achchiq zardaga to‘la, o‘zing fosiqlik zanjiriga bog‘langansan. Shimo‘n shunday javob berdi: — Men uchun Egamizga ibodat qilinglar, tag‘in aytganlaringizdan biri boshimga tushmasin. Butrus bilan Yuhanno u yerda guvohlik berib, Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va’z qildilar. Shundan keyin Samariyaning ko‘p qishloqlarida Xushxabarni e’lon qilib, Quddusga qaytib keldilar. Shu orada Egamizning bir farishtasi Filipga dedi: “Qani, bo‘l, janubga bor, Quddusdan G‘azoga olib boradigan sahro yo‘lidan ket.” Filip yo‘lga chiqdi, ketayotib Habashistonlik bir amaldorni uchratib qoldi. U Habashiston malikasi Kandakining bosh xazinaboni lavozimidagi katta amaldor edi. U Quddusga sajda qilgani kelib, endi uyiga qaytayotgan edi. Amaldor aravada o‘tirganicha, Ishayo payg‘ambar kitobini o‘qib ketayotgan edi. Muqaddas Ruh Filipga: “Aravaga yaqinroq bor, uning yonida yur”, dedi. Filip yugurib, aravaga yetib oldi, amaldorning Ishayo payg‘ambar kitobini o‘qiyotganini eshitdi. Filip: — O‘qiyotganingizni tushunyapsizmi? — deb so‘radi. — Birontasi yordam bermasa, tushunarmidim?! — deb javob berdi amaldor. U Filipga: “Chiq, yonimga o‘tir”, deb taklif qildi. Amaldor o‘qiyotgan Muqaddas Bitiklar parchasi quyidagilar edi: So‘yishga olib borilgan qo‘yday, Jun qirquvchi oldida jim turgan qo‘ziday U miq etib og‘zini ochmadi. U xo‘rlandi. Adolatdan mahrum qilindi. Uning nasli haqida kim o‘ylaydi? Yer yuzida uning hayotiga chek qo‘yildi. Amaldor Filipdan so‘radi: — Ayt–chi, payg‘ambar bu gaplarni kim to‘g‘risida aytdi — o‘zi to‘g‘risidami yoki boshqa birontasi to‘g‘risidami? Shundan keyin Filip tushuntira boshladi, Muqaddas Bitiklarning shu qismidan boshlab Iso haqidagi Xushxabarni amaldorga so‘zlab berdi. [36-37] Ular yo‘lda ketayotganlarida, suv bor joyga kelib qoldilar. Shunda amaldor dedi: — Mana bu yerda suv bor ekan. Suvga cho‘mdirilishimga nima xalaqit beradi?! *** Amaldor aravani to‘xtatishga buyurdi. Ular ikkalasi — Filip bilan amaldor suvga tushdilar, Filip uni suvga cho‘mdirdi. Ular suvdan chiqqanlaridan keyin, Egamizning Ruhi to‘satdan Filipni olib ketdi. Amaldor uni qaytib ko‘rmadi, ammo xursand bo‘lganicha, yo‘lida davom etdi. Filip esa Ashdodda paydo bo‘lib qoldi. U Qaysariyaga kelguncha, butun o‘lka bo‘ylab o‘tar ekan, hamma shaharlarda Xushxabarni e’lon qilib boraverdi. Shu orada Shoul Rabbimiz Isoning shogirdlariga qarshi qattiq o‘lim xavfini solib yurardi. U oliy ruhoniyning huzuriga borib, Damashqdagi sinagogalarga xat yozib berishini so‘radi. U yerda erkak bo‘ladimi yoki ayolmi — Isoning yo‘lidan yuruvchilarni topib olsa, ularni bog‘lab Quddusga olib kelishga ijozat so‘ragan edi. Shoul Damashqqa yaqinlashib qolganda, birdan osmondan bir nur uning yon–atrofini yoritib yubordi. Shoul yerga yiqilib, shunday bir ovozni eshitdi: — Shoul, Shoul! Nega meni quvg‘in qilyapsan? — Yo Hazratim! Sen kimsan? — deb so‘radi Shoul. — Sen quvg‘in qilayotgan Isoman, — degan javob keldi. — Endi o‘rningdan tur, shaharga kir. Nima qilishing kerakligi senga o‘sha yerda aytiladi. Shoulga hamroh bo‘lganlarning tillariga bir so‘z kelmay, to‘xtab qolgan edilar. Ular ovozni eshitardilar–u, ammo hech kimni ko‘rmasdilar. Shoul yerdan turdi, ko‘zlarini ochdi, ammo hech narsani ko‘ra olmadi. Ular Shoulni qo‘lidan ushlab, Damashq shahriga olib bordilar. Uch kungacha Shoulning ko‘zi ko‘rmadi, shu kunlar davomida u na yedi, na ichdi. Damashqda Isoning Hananiya degan shogirdi bor edi. Rabbimiz Iso vahiyda unga zohir bo‘lib: “Hananiya!” deb chaqirdi. “Labbay, Rabbim!” deb javob berdi u. Rabbimiz Iso Hananiyaga dedi: — O‘rningdan tur, To‘g‘ri deb ataluvchi ko‘chaga bor. Yahudoning uyidan Tarslik Shoul degan odamni so‘ra. Hozir u ibodat qilyapti. Unga vahiy kelgan. Vahiyda u Hananiya degan odamning kelishini ko‘rgan. Uning ko‘zlari ochilishi uchun sen unga qo‘llaringni qo‘yasan. Hananiya esa shunday javob berdi: — Yo Rabbim, men u odam haqida ko‘pchilikdan eshitgan edim. U Quddusdagi Sening azizlaringga ko‘p yomonlik qilgan ekan. Bu yerda ham u Sening nomingni tiliga oladiganlarni qamash uchun bosh ruhoniylardan vakolat olibdi. Rabbimiz Iso esa unga shunday dedi: — Boraver, u Mening tanlangan qurolimdir. U g‘ayriyahudiylar orasida, shohlar va Isroil xalqi orasida nomimni mashhur qiladi. U Mening nomim haqi qanchalar azob chekishi kerakligini uning o‘ziga ko‘rsataman. Shunday qilib, Hananiya borib, o‘sha uyga kirdi. U Shoulga qo‘lini qo‘yib, shunday dedi: — Birodarim Shoul! Yo‘lingda senga zohir bo‘lgan Rabbimiz Iso meni bu yerga yubordi, toki sening ko‘zlaring ochilsin, Muqaddas Ruhga to‘lgin. Shu zahoti baliq tangachalariga o‘xshash narsa Shoulning ko‘zlaridan tushdi. U yana ko‘ra boshladi. U o‘rnidan turib, suvga cho‘mdirildi. Ovqat yeb, quvvatga kirdi. Shoul bir necha kun Damashqdagi imonlilar bilan birga bo‘ldi. U to‘g‘ri sinagogaga borib: “Iso Xudoning O‘g‘lidir ”, deb va’z qila boshladi. Uning va’zini eshitganlarning hammasi hayron bo‘lib, shunday deyishardi: “Bu — Quddusda Isoning nomini tilga olganlarga qirg‘in keltirgan odam emasmi? Uning bu yerga kelishdan maqsadi — odamlarni bosh ruhoniylar oldiga bog‘lab olib borish emasmikan?” Ammo Shoulning va’zi tobora kuchli bo‘lib boraverdi. U Isoning Masih ekanini isbot etib, Damashqda yashaydigan yahudiylarni esankiratib qo‘ydi. Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin, yahudiylar Shoulni o‘ldirish uchun reja tuzdilar. Shoul esa ularning rejasidan xabar topdi. Uni o‘ldirish uchun shahar darvozalarini kechayu kunduz qo‘riqlardilar. Ammo Shoulning shogirdlari uni kechasi savatga solib, devorning ochiq joyidan tushirib yubordilar. Shoul Quddusga borgandan keyin, Isoning u yerdagi shogirdlariga qo‘shilishga harakat qildi. Ammo shogirdlarning hammasi undan qo‘rqishardi. Shoul ham Isoning shogirdi bo‘lganiga ular ishonmadilar. Shunda Barnabo Shoulni havoriylarning oldiga olib bordi. Shoul yo‘lda qanday qilib Rabbimiz Isoni ko‘rganini, Shoulga U qanday gapirganini, Shoul Damashqda qo‘rqmasdan Iso nomi bilan qanday va’z qilganini havoriylarga hikoya qilib berdi. Shunday qilib, Shoul ular bilan qoldi va butun Quddus bo‘ylab qo‘rqmasdan Rabbimiz nomi bilan va’z qilib yurdi. Shoul yunonzabon yahudiylar bilan ham suhbatlashib, ular bilan munozara qildi. Ammo ular Shoulni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Imonlilar bu to‘g‘rida xabar topib, Shoulni Qaysariyagacha olib keldilar, keyin uni Tarsga jo‘natdilar. Butun Yahudiya, Jalila va Samariyadagi imonlilar jamoati tinchlikka erishib, kuchayib boraverdi. Jamoat Egamizdan qo‘rqib va Muqaddas Ruhdan madad olib, ko‘payib boraverdi. Butrus hamma yoqni aylanib, imonlilarni ko‘rgani borardi. Bir safar u Lida shahrida yashaydigan Xudoning azizlari huzuriga tashrif buyurdi. U yerda Butrus Yeney degan odam bilan uchrashib qoldi. Yeney shol bo‘lib, sakkiz yildan beri to‘shakdan tura olmas edi. Butrus unga: — Yeney, Iso Masih senga shifo beryapti: o‘rningdan tur, to‘shagingni yig‘ib qo‘y! — dedi. Yeney shu zahoti o‘rnidan turib ketdi. Butun Lida va Sharon aholisi Yeneyni ko‘rib, Rabbimiz Isoga yuz burdi. Yaffa shahrida Isoning bir shogirdi bor edi. U ayolning ismi Tavita bo‘lib, yunonchada “ohu” deganidir. U xayrli ishlarga va sadaqa qilishga o‘zini bag‘ishlagan edi. O‘sha paytda u kasal bo‘lib, vafot etdi. Uning jasadini yuvib, boloxonaga qo‘ydilar. Lida shahri Yaffa shahriga yaqin edi. Shogirdlar Butrus u yerda ekanini eshitdilar va uning oldiga ikki kishini yuborib: “Iltimos, hayallamay biz tomonga kel”, deb xabar yubordilar. Butrus o‘rnidan turdi–yu ular bilan ketdi. Butrus yetib kelgach, uni boloxonaga olib chiqdilar. Hamma bevalar Butrusning yonida yig‘lab turganlaricha, kamzullar va boshqa kiyimlarni ko‘rsatib: “Tavita tirikligida bularni tikkan edi”, derdilar. Butrus ularni tashqariga chiqarib yubordi. Shundan keyin u tiz cho‘kib, ibodat qildi–da, jasadga o‘girilib: “Tavita, tur o‘rningdan!” dedi. Shunda Tavita ko‘zlarini ochdi, Butrusni ko‘rib, qaddini rostlab o‘tirdi. Butrus qo‘lini Tavitaga uzatib, o‘rnidan turishiga yordamlashdi. Keyin Xudoning azizlarini va bevalarni chaqirib, tirilgan ayolni ko‘rsatdi. Bu voqea butun Yaffaga ma’lum bo‘ldi va ko‘pchilik Rabbimiz Isoga imon keltirdi. Butrus ancha vaqt Yaffa shahrida Shimo‘n degan bir ko‘nchining uyida turdi. Qaysariyada Korniliy degan bir odam bor edi. U Rim armiyasidagi “Italiya” nomli polkda yuzboshi edi. Korniliy taqvodor odam bo‘lib, uning o‘zi ham, oilasi ham Xudodan qo‘rqardi. U kambag‘al yahudiylarga ko‘p sadaqa berar, doimo Xudoga ibodat qilardi. Bir kuni soat uchlarda unga vahiy keldi. Xudoning farishtasi kirib kelayotganini u aniq ko‘rdi. Farishta: “Korniliy!” deb chaqirdi. Korniliy qo‘rquv ichida unga tikilib qarab: — Labbay, Hazrat! — dedi. Farishta unga shunday dedi: — Sening ibodatlaring va sadaqalaring Xudoga ma’qul bo‘ldi. Endi Yaffaga odam yuborib, Shimo‘n degan odamni chaqirtirib kel. Uning ikkinchi ismi Butrus. Butrus bir ko‘nchining uyida mehmon bo‘lib turibdi. U ko‘nchining ismi ham Shimo‘n. Ko‘nchi Shimo‘nning uyi dengiz bo‘yida. Korniliyga gapirgan farishta ketdi. Korniliy xizmatkorlaridan ikkitasini va unga xizmat qiladigan taqvodor, ishonchli bir askarini chaqirdi. Ro‘y bergan hodisani ularga aytib berib, ularni Yaffaga jo‘natdi. Keyingi kun tush paytida ular yo‘lda davom etib, shaharga yaqinlashganlarida, Butrus ibodat qilgani tomga chiqqan edi. U ochqab, biron narsa tanovul qilgisi keldi. Ovqat tayyorlanayotganda, Butrusga vahiy keldi. U osmon ochilganini, katta dasturxonga o‘xshash bir narsa to‘rt burchagidan osilgan holda yerga tushib kelayotganini ko‘rdi. Uning ichida turli hayvonlar, sudralib yuruvchilar va qushlar bor edi. Shu payt u: “O‘rningdan tur, Butrus, so‘yib yegin”, degan ovozni eshitdi. Ammo Butrus dedi: — Aslo unday qilmayman, Egam! Men hech qachon xarom yoki nopok narsalarni yemaganman! O‘sha ovoz yana Butrusga: “Xudo halol deb aytgan narsalarni sen xarom demagin”, deya gapirdi. Bu suhbat uch marta takrorlandi. Shunda dasturxon birdan osmonga olindi. Butrus, bu vahiyning ma’nosi nima ekan, deb esankirab turganda, Korniliy yuborgan odamlar kelib qoldilar. Ular ko‘nchi Shimo‘nning uyi qayerdaligini bilib olib, darvoza oldida turgan edilar. Ular chaqirib: — Shimo‘n degan mehmon shu yerdami? — deb so‘radilar. — Uning ikkinchi ismi Butrus. Butrus hali ham vahiy haqida o‘ylab o‘tirgan edi. Shunda Muqaddas Ruh unga shunday dedi: — Qara, uchta odam seni izlab keldi. Endi o‘rningdan tur, pastga tush, hech ikkilanmay ular bilan birga bor. Ularni Men jo‘natganman. Shunday qilib, Butrus pastga tushib, ularga dedi: — Sizlar izlayotgan odam menman. Nima sababdan keldingizlar? — Bizni yuzboshi Korniliy jo‘natdi, — deb javob berdi ular. — U solih, Xudodan qo‘rqadigan odam, butun yahudiy xalqi orasida katta obro‘ga ega. Xudoning farishtasi unga: “Butrusni uyingga taklif qil, uning aytganlarini eshitgin”, deb aytibdi. Shundan keyin Butrus ularni ichkariga taklif qilib, mehmon qildi. Keyingi kuni Butrus ular bilan birga yo‘lga otlandi. Yaffalik ba’zi imonlilar Butrus bilan birga ketdilar. Ertasi kuni ular Qaysariyaga kirib keldilar. Korniliy ularni kutayotgan edi. U qarindoshlari va yaqin do‘stlarini taklif qilgan edi. Butrus uyga kirib, Korniliyga ro‘para keldi. Shunda Korniliy Butrusning oyoqlariga bosh urib, unga ta’zim qildi. Ammo Butrus unga: — O‘rningdan tur, men ham bir bandaman, — deb uni turg‘izib qo‘ydi. Butrus u bilan gaplasharkan, ichkariga kirdi va u yerda bir talay odam to‘planganini ko‘rdi. Butrus ularga shunday dedi: — O‘zlaringiz bilasizlarki, yahudiy odam boshqa xalqdan bo‘lgan odam bilan aloqa bog‘lashi, unikiga borishi qonunimizga xilofdir. Ammo Xudo endi menga hech bir kimsani xarom yoki nopok deb hisoblamaslikni ayon qildi. Shuning uchun menga odam yuborganlaringizda, hech qanday e’tiroz bildirmay keldim. Endi bilsam bo‘ladimi, nima uchun meni chaqirtirdingizlar? Korniliy shunday javob berdi: — To‘rt kun ilgari xuddi shu paytda — soat uchlarda uyimda ibodat qilayotgan edim. Birdan ro‘paramda oppoq kiyim kiygan bir odam paydo bo‘ldi. U menga shunday dedi: “Korniliy, sening ibodating Xudoga yetib bordi, sadaqalaringni U ma’qul ko‘rdi. Endi Yaffaga odam yuborib, Shimo‘n degan odamni chaqirtirib kel. Uning ikkinchi ismi Butrus. Butrus bir ko‘nchining uyida mehmon bo‘lib turibdi. U ko‘nchining ismi ham Shimo‘n. Ko‘nchi Shimo‘nning uyi dengiz bo‘yida.” Shuning uchun darhol sizga odam yubordim, siz ham olijanoblik qilib, keldingiz. Egamiz sizga aytishni buyurgan hamma narsani eshitish uchun endi hammamiz Xudoning huzurida to‘plandik. Butrus ularga gapira boshladi: — Haqiqatan ham, Xudo tarafkashlik qilmasligini bilaman. Har bir elatda Xudodan qo‘rqadigan va to‘g‘ri ishlarni qiladigan har bir odam Unga ma’quldir. U Isroil xalqiga yuborgan xabarni bilasizlar. Tinchlik keltiradigan bu Xushxabarni Xudo Iso Masih orqali e’lon qildi. Iso Masih hammaning Rabbiysidir. Yahudiya bo‘ylab nimalar yuz berganini bilasizlar. Bu hodisalarning hammasi Yahyoning cho‘mdirilish to‘g‘risidagi xabaridan keyin Jalilada boshlangan edi. Xudo Nosiralik Isoni Muqaddas Ruh va kuch–qudrat bilan qanday to‘ldirganini bilasizlar. Iso hamma yoqqa borib, yaxshi ishlar qildi, iblisning hukmronligidan azob chekkanlarni shifoladi, chunki Xudo U bilan edi. U Yahudiya va Quddusda qilgan ishlarining hammasiga biz guvohmiz. Shundan keyin Isoni xochga mixlab, o‘ldirdilar. Ammo Xudo Uni uchinchi kuni tiriltirib, zohir qildi. Iso hammaga emas, faqat bizga zohir bo‘ldi. Chunki Xudo bizni Iso haqida guvohlik berishimiz uchun tanlagandi. Iso tirilgandan keyin biz U bilan yeb–ichdik. U bizga: “Xalqlarga va’z qilib, guvohlik beringlar. O‘liklar va tiriklarni hukm qilish uchun Xudo Meni tayinlaganini ularga aytinglar.” — deb buyurdi. Barcha payg‘ambarlar ham Iso to‘g‘risida guvohlik bergan edilar. Isoga ishongan har bir odamning gunohlari Uning nomi tufayli kechiriladi, deb aytgan edilar. Butrus hamon gapirar ekan, uning so‘zlarini eshitayotganlarni Muqaddas Ruh qamrab oldi. Xudo g‘ayriyahudiylarga ham Muqaddas Ruhni in’om qilib berganini Butrus bilan birga kelgan yahudiy imonlilar ko‘rib hayratda qoldilar. Chunki g‘ayriyahudiylar noma’lum tilda gaplashib, Xudoni ulug‘layotganlarini ular eshitib turardilar. Shunda Butrus dedi: — Bu odamlar, xuddi biz singari, Muqaddas Ruhni qabul qildilar. Shunday ekan, ularning suvga cho‘mdirilishiga kim to‘sqinlik qila oladi?! Shunday qilib, Butrus ularga, Iso Masih nomi bilan suvga cho‘minglar, deb buyruq berdi. So‘ng ular Butrusdan bir necha kun qolishini iltimos qildilar. Havoriylar va Yahudiyadagi imonlilar: “G‘ayriyahudiylar ham Xudoning kalomini qabul qilibdilar”, degan xabarni eshitdilar. Butrus Quddusga borganda, yahudiy imonlilar unga ta’na qildilar: — Siz sunnatsiz odamlarnikida mehmon bo‘libsiz, ular bilan birga yeb–ichibsiz! Shunda Butrus ularga yuz bergan voqeani batafsil tushuntira boshladi: — Men Yaffa shahrida ibodat qilayotgan edim, bir payt hushimdan ketib, vahiy ko‘ribman. Osmondan katta dasturxonga o‘xshash bir narsa to‘rt burchagidan osilgan holda yerga tushib keldi. O‘sha narsa oldimga tushdi. Men o‘sha narsaning ichiga yaxshilab qaradim va unda turli xil chorva va yovvoyi hayvonlarni, sudralib yuruvchilar va qushlarni ko‘rdim. O‘shanda bir ovoz menga: “Tur, Butrus, so‘yib yegin”, deganini eshitdim. Men shunday javob berdim: “Aslo unday qilmayman, Egam! Men hech qachon xarom yoki nopok narsalarni og‘zimga olmaganman!” Ammo o‘sha ovoz ikkinchi marta eshitilib: “Xudo halol deb aytgan narsalarni sen xarom deb aytmasliging kerak”, deb osmondan gapirdi. Bu suhbat uch marta takrorlandi. Shunda dasturxonga o‘xshash o‘sha narsa yana osmonga olindi. Xuddi shu paytda Qaysariyadan yuborilgan uchta odam men turgan uyga yetib kelgan edi. Muqaddas Ruh menga: “Hech ikkilanmay bu odamlar bilan birga bor”, deb aytdi. Bu oltita birodar men bilan birga borib, o‘sha odamning uyiga kirdi. U odam uyida farishta paydo bo‘lganini, uning o‘zi bu farishtani ko‘rganini bizga so‘zlab berdi. Farishta unga shunday debdi: “Yaffaga odam yuborib, Shimo‘n degan odamni chaqirtirib kel. Uning ikkinchi ismi Butrus. U senga aytadigan xabar orqali o‘zing va oilang najot topasizlar.” Men gapimni boshlashim bilanoq, Muqaddas Ruh oldin bizni qamrab olgani singari, ularni ham qamrab oldi. Shunda men Rabbimiz Isoning: “Yahyo suvga cho‘mdirgan edi, sizlar esa Muqaddas Ruhga cho‘mdirilasizlar”, degan so‘zlarini esladim. Biz Rabbimiz Iso Masihga imon keltirganimizda, Xudo bizga bergan in’omni ularga ham bergan bo‘lsa, men kim bo‘libmanki, Xudoga qarshilik qilsam?! Ular bu so‘zlarni eshitib, jim bo‘lib qoldilar. So‘ng Xudoga hamdu sano aytib: “Xudo hatto g‘ayriyahudiylarni ham hayotga eltadigan tavbaga olib boribdi”, dedilar. Stefan o‘ldirilgandan keyin boshlangan quvg‘inlar oqibatida imonlilar Finikiya, Kipr va Antioxiyaga tarqalib ketdilar. Ular Iso haqidagi xabarni yahudiylardan boshqa hech kimga aytmasdilar. Ularning orasida Kipr va Kirineyadan Antioxiyaga kelgan ba’zi imonlilar bor edi. Ular Rabbimiz Iso to‘g‘risida u yerdagi g‘ayriyahudiylarga ham va’z qildilar. Egamizning qudrati ularda bor edi, shuning uchun ko‘pchilik imonga kelib, Rabbimizga yuz burdi. Bu yangilik Quddusdagi imonlilar jamoatiga yetib keldi. Jamoatdagilar Barnaboni Antioxiyaga jo‘natdilar. U kelib, Xudoning marhamatini ko‘rganidan xursand bo‘ldi. Hammaga: “Chin yurakdan Rabbimiz Isoga sadoqatingizni saqlab qolinglar”, deb nasihat qildi. U Muqaddas Ruhga va imonga to‘la, olijanob odam edi. Juda ko‘p odamlar Isoni Rabbim deb imonga keldilar. Shundan keyin Barnabo Shoulni izlab Tarshishga ketdi. U Shoulni topgandan keyin, uni Antioxiyaga olib keldi. Shunday qilib, Barnabo bilan Shoul bir yil davomida u yerdagi jamoat bilan bir joyga yig‘ilib, bir qancha odamlarga ta’lim berdilar. Shogirdlarga birinchi marta Antioxiya shahrida “ masihiylar ” deb nom berildi. O‘sha paytda Quddusdan Antioxiyaga payg‘ambarlar keldilar. Ulardan biri — Agav degani o‘rtaga chiqib, butun olamda qattiq ocharchilik bo‘lishini Muqaddas Ruh orqali bashorat qildi (uning bashorati Qaysar Klavdiy hukmronligi davrida yuz berdi). Shogirdlar, imkonimiz boricha Yahudiyada yashaydigan imonli birodarlarimizga yordam jo‘natamiz, deb qaror qildilar. Ular aytganlarini qilib, Barnabo va Shoul orqali Quddusdagi jamoat oqsoqollariga hadyalar yubordilar. Xuddi shu paytda shoh Hirod imonlilar jamoatining ba’zi a’zolarini quvg‘in qila boshladi. U Yuhannoning akasi Yoqubni qilich bilan o‘ldirtirdi. Hirod ko‘rdiki, bu yahudiylarga ma’qul kelyapti, shunday qilib, u Butrusni hibsga oldi. Bu voqea Xamirturushsiz non bayrami kunlarida yuz berdi. U Butrusni qamatib, to‘rt kishidan iborat to‘rt guruh askarni qorovul qilib qo‘ydi. Fisih bayramidan so‘ng uni xalqning oldiga olib chiqib, hukm qilishni rejalashtirgan edi. Butrus hibsda ekan, jamoat u uchun Xudoga chin dildan ibodat qildi. Hirod Butrusni xalq oldiga olib chiqmoqchi bo‘ldi. O‘sha kundan oldingi tunda Butrus ikki soqchi o‘rtasida uxlayotgan edi. U ikkita zanjir bilan kishanlangan, qamoqxona eshigida soqchilar navbatchilik qilishardi. Birdan Egamizning farishtasi zohir bo‘lib, hujrada nur porlab ketdi. Farishta Butrusning yonboshiga turtib, uyg‘otdi va: “Tezda o‘rningdan tur!” dedi. Shunda kishanlar Butrusning bilaklaridan tushib ketdi. Farishta unga: — Kamaringni bog‘la, chorig‘ingni kiy, — dedi. Butrus aytilganday qildi. Keyin farishta unga: — Choponingni kiyib, ortimdan yur, — dedi. Butrus farishtaga ergashib, qamoqxonadan chiqdi. Ammo u farishtaning bu ishlari haqiqat ekanini anglamasdan, “ vahiy ko‘ryapman, shekilli”, deb o‘ylardi. Ular birinchi va ikkinchi darvoza soqchilari oldidan o‘tgandan keyin, shaharga olib boradigan temir darvoza oldiga keldilar. Darvoza o‘z–o‘zidan ularga ochildi. Ular tashqariga chiqib, so‘qmoq bo‘ylab ketdilar. Birdan farishta Butrusning oldida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Butrus shu zahoti o‘ziga kelib: “Endi ishonchim komilki, Egamiz O‘zining farishtasini yuborib, meni Hirodning qo‘lidan, yahudiy xalqining adovatidan qutqaribdi”, dedi. Butrus shularni anglab, Maryamning uyiga yo‘l oldi. Maryam Yuhannoning onasi edi. Yuhannoning ikkinchi ismi Mark edi. Maryamning uyida ko‘pchilik to‘planib, ibodat qilishayotgan ekan. Butrus darvozani taqillatgan edi, Roda ismli qiz xabar olgani chiqdi. Qiz Butrusning ovozini tanigach, shunchalik xursand bo‘lib ketdiki, darvozani ochish o‘rniga, ichkariga yugurib kirdi–da, Butrus darvoza oldida turibdi, deb e’lon qildi. Ular qizga: — Aqlingni yeb qo‘yibsan, — dedilar. Ammo qiz gapida turib olgach, ular: — U Butrusning farishtasidir, — deb javob berdilar. Butrus darvozani taqillatishda davom etdi. Ular darvozani ochib, Butrusni ko‘rdilaru hayron bo‘lib qoldilar. Butrus qo‘li bilan “jim” degan ishorani qildi va Egamiz uni qanday qilib zindondan ozod qilganini so‘zlab berdi. So‘ngra “Bu voqeani Yoqubga va boshqa imonlilarga aytinglar”, deb qo‘shib qo‘ydi. Shundan keyin Butrus u yerdan chiqib, boshqa yerga bordi. Tong otgach, vahimali shovqin–suron ko‘tarildi. Askarlar bir–biridan: “Butrus qayerga g‘oyib bo‘ldi?” deb so‘rardilar. Hirod Butrusni izlashga buyruq berdi, ammo uni topa olmadilar. Hirod soqchilarni tekshirib ko‘rib, ularni o‘limga mahkum qildi. Shundan keyin Butrus Yahudiyadan Qaysariyaga borib, o‘sha yerda turib qoldi. Shoh Hirod Tir va Sidon aholisidan qattiq g‘azablandi. Bu shaharlar oziq–ovqat bo‘yicha Hirodning shohligiga qaram bo‘lgani uchun, Tir va Sidon vakillari maslahatlashib, Hirod bilan ko‘rishgani keldilar. Ular saroy noziri Blastasni o‘z tomoniga og‘dirib olganlaridan keyin, Hirod bilan sulh tuzmoqchi edilar. Hirod ularni qabul qiladigan kuni shohona liboslarini kiyib, taxtiga o‘tirdi–da, ularga nutq so‘zladi. Odamlar uning bu nutqini eshitib: “Inson emas, balki xudo gapiryapti!” deb xitob qildilar. Hirod Xudoni sharaflamagani uchun o‘sha zahotiyoq Egamizning farishtasi uni urdi. Hirod qurtlarga yemish bo‘lib olamdan o‘tdi. Xudoning kalomi esa tobora yoyilib, Isoga ergashuvchilar ko‘payib borardi. Barnabo bilan Shoul Quddusda o‘z vazifalarini bajarib bo‘lishgach, Antioxiyaga qaytdilar. Ular o‘zlari bilan birga Markni ham olib keldilar. Markning ikkinchi ismi Yuhanno edi. Antioxiyadagi imonlilar jamoatida payg‘ambarlar va muallimlar ham bor edi. Barnabo, Qoracha laqabli Shimo‘n, Kirineyalik Lukis, hukmdor Hirod bilan birga o‘sgan Manohim va Shoul shular jumlasidan edi. Ular Egamizga sajda qilib, ro‘za tutar ekanlar, Muqaddas Ruh ularga shunday dedi: “Barnabo bilan Shoulni Menga bag‘ishlanglar, toki ular Men tayinlagan ishni bajarsinlar.” Ular ro‘za tutib, ibodat qildilar, so‘ng qo‘llarini Barnabo bilan Shoulga qo‘yib, ikkovini safarga jo‘natdilar. Muqaddas Ruh buyrug‘iga ko‘ra Barnabo bilan Shoul yo‘lga tushdilar. Ular Selevkiya shahriga borib, u yerdan kemada Kiprga suzib ketdilar. Salamis shahriga kelganlaridan keyin, yahudiylarning sinagogalarida Xudoning kalomini va’z qildilar. Yuhanno ham ular bilan birga bo‘lib, xizmatda yordam berar edi. Ular butun orolni u boshidan bu boshigacha kezib chiqib, Paf shahriga keldilar. U yerda Bareshu degan sehrgarga duch keldilar. U odam yahudiylarning soxta payg‘ambari edi. Bareshu orolning hokimi Sergiy Pavlusning yaqinlaridan biri edi. Sergiy Pavlus aqlli odam edi. U Barnabo bilan Shoulni huzuriga chaqirib, Xudoning kalomini eshitmoqchi bo‘ldi. Ammo sehrgar Elimos Barnabo bilan Shoulga qarshi chiqdi (Elimos — Bareshuning grekcha ismi). Elimos hokimni imondan toydirishga harakat qildi. Shoul, ya’ni Pavlus, Muqaddas Ruhga to‘lib, sehrgarga tik boqib dedi: — Ey iblis o‘g‘li! Sen har qanday haqiqatning dushmanisan, yuraging ayyorlik va yaramasliklarga to‘la. Egamizning to‘g‘ri yo‘lini buzib ko‘rsatishni qachon bas qilasan?! Endi eshit: Egamizning qo‘li senga qarshi ko‘tarilgan, sen ma’lum bir vaqtgacha ko‘r bo‘lib qolasan, quyosh nurini ko‘rmaysan. Shu zahoti Elimosning ko‘z oldi xiralashib, qorong‘i bo‘ldi. Elimos u yoq–bu yoqqni paypaslab, qo‘lidan yetaklab yuradigan birontasini izladi. Hokim yuz bergan voqeani ko‘rib, imonga keldi, chunki u Rabbimiz Iso haqidagi ta’limotdan hayratga tushgan edi. Pavlus bilan uning hamrohlari Paf shahridan suzib, Pamfiliyadagi Perga shahriga keldilar. Yuhanno shu yerda ularni tark etib, Quddusga qaytdi. Qolganlar esa Pergadan jo‘nab, Pisidiyadagi Antioxiya shahriga keldilar. Shabbat kuni ular sinagogaga kirib o‘tirishdi. Tavrot va payg‘ambarlar bitiklaridan qiroat tugagach, sinagoganing yo‘lboshchilari: “ Birodarlar, agar bizga biror nasihatingiz bo‘lsa, marhamat”, deb ularga xabar yubordilar. Pavlus o‘rnidan turib, qo‘li bilan “jim” degan ishorani qildi, so‘ng so‘z boshladi: — Ey Isroillik birodarlar! Xudodan qo‘rqadigan boshqa xalqlar, quloq solinglar! Mana shu Isroil xalqining Xudosi bizning ota –bobolarimizni tanlab oldi. Ular Misrda musofir bo‘lib yashagan vaqt davomida Xudo ulardan buyuk xalq yaratdi. Buyuk qudrati bilan ularni Misrdan olib chiqdi. Qirq yil davomida Xudo ularning sahrodagi qilmishlariga chidadi. U Kan’on yurtida yetti elatni qirib tashlab, ularning yurtini Isroil xalqiga mulk qilib berdi. Bularning hammasi taxminan to‘rt yuz ellik yil davom etdi. Bundan keyin Xudo ularga Shomuil payg‘ambar zamonigacha hakamlarni berdi. Keyin Isroil xalqi shoh so‘ragan edi, Xudo ularga Kish o‘g‘li Shoulni shoh qilib berdi. Shoul Benyamin qabilasidan bo‘lib, qirq yil hukmronlik qildi. Xudo Shoulni taxtdan tushirgandan keyin, Dovudni Isroil xalqining shohi qildi. Xudo u haqda shunday degan edi: “Ishay o‘g‘li Dovudni O‘zimning ko‘nglimga mos deb topdim. Dovud Mening hamma xohishlarimni bajo qiladi.” Xudo bergan va’dasiga muvofiq, Dovud naslidan Isoni Isroil xalqiga Najotkor qilib yubordi. Iso xizmatini boshlamasdan oldin, Yahyo butun Isroil xalqiga, gunohlaringizdan kaytinglar, suvga cho‘minglar, deb va’z qildi. Yahyo hizmatini yakunlayotib: “Sizlar meni kim deb bilasizlar? Men va’da qilingan Zot emasman. U mendan keyin keladi. Men Uning choriqlarini yechib qo‘yishga ham arzimayman”, degan edi. Ey birodarlarim, Ibrohim avlodlari! Ey Xudodan qo‘rqadigan boshqa xalqlar! Najot haqidagi bu xabar bizga berilgan. Ammo Quddus aholisi va ularning hukmdorlari Isoning kimligini tanimadilar. Garchi ular har Shabbat kuni o‘qilayotgan payg‘ambarlarning so‘zlarini eshitsalar–da, payg‘ambarlar Iso haqida yozganini ular tushunmadilar. Isoni o‘limga mahkum qilib, payg‘ambarlarning bashoratlarini amalga oshirdilar. O‘limga mahkum qilish uchun ular sabab topa olmagan bo‘lsalar ham, Pilatdan Uni o‘ldirishni talab qildilar. U to‘g‘rida yozilgan har bir narsani amalga oshirganlaridan keyin, jasadini yog‘ochdan tushirib, qabrga qo‘ydilar. Ammo Xudo Uni o‘likdan tiriltirdi. Bir necha kun U Jaliladan Quddusga O‘zi bilan kelganlarga zohir bo‘lib turdi. Hozir ular Isroil xalqiga guvohlik beryaptilar. Barnabo bilan men esa bu Xushxabarni sizlarga e’lon qilmoqdamiz: Xudo Isoni tiriltirdi! Shu orqali ota–bobolarimizga bergan va’dasini ularning farzandlari bo‘lmish bizlar uchun bajardi. Bu haqda Zaburning ikkinchi sanosida shunday yozilgan: Sen Mening O‘g‘limsan, Bugun Men Seni bunyod etdim. Isoning o‘likdan tirilishi va tanasining aslo chirimasligi to‘risida Xudo shunday degan: Dovudga bergan muqaddas va’damni sizga beraman. Boshqa bir sanoda yana shunday yozilgan: Bu taqvodoringni qabrda chiritmaysan. Darvoqe, Dovud o‘z vaqtida Xudoning maqsadi uchun xizmat qilgan edi. U vafot etgach, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning tanasi qabrda chiridi. Ammo Xudo tiriltirgan Isoning tanasi chirimadi. Shuning uchun, ey birodarlarim, eshitinglar! Gunohlarimiz Iso orqali kechirilishini biz sizlarga e’lon qilmoqdamiz. Isoga ishongan har bir kishi hamma gunohlaridan U orqali oqlanadi. Musoning qonuni orqali esa oqlanib bo‘lmaydi. Ehtiyot bo‘linglar, toki payg‘ambarlar aytgan quyidagi so‘zlar boshingizga tushmasin: Qaranglar, ey mazaxchilar! Hayratda qolib o‘linglar! Sizning davringizda Men shunday bir ish qilamanki, Eshitsangiz quloqlaringizga ishonmaysizlar. Pavlus bilan Barnabo sinagogadan chiqar ekanlar, xalq ularga: “Kelgusi Shabbat kuni ham shu narsalar to‘g‘risida gapirib bersangizlar”, deb iltimos qildilar. Sinagogadagi yig‘indan keyin xalq tarqaldi. Pavlus bilan Barnaboga ko‘plab yahudiylar va yahudiy diniga kirgan taqvodorlar ergashdilar. Pavlus bilan Barnabo ularga, Xudoning marhamati ostida yashashni davom ettiringlar, deb dalda berdilar. Keyingi Shabbat kuni ham deyarli butun shahar Rabbimiz Iso haqidagi xabarni eshitish uchun yig‘ildi. Yahudiylar shunchalik ko‘p odamni ko‘rib, qattiq hasad qila boshladilar. Pavlusning aytganlariga qarshi chiqib, uni haqoratladilar. Shunda Pavlus bilan Barnabo ikkovi jasorat bilan shunday dedilar: — Xudoning kalomini birinchi navbatda sizlarga bildirishimiz kerak edi. Ammo sizlar Xudoning kalomini rad qildingizlar va o‘zlaringizni abadiy hayotga noloyiq deb bildingizlar. Shuning uchun biz g‘ayriyahudiylarning oldiga ketyapmiz. Egamiz bizga shunday amr bergan edi: “Yerning chetigacha najotni olib boringlar, deb Men sizlarni g‘ayriyahudiylarga chiroq qilaman.” G‘ayriyahudiylar bu gapni eshitib, xursand bo‘ldilar. Ular Rabbimiz Iso haqidagi xabarni izzat–hurmat bilan qabul qildilar. Abadiy hayot uchun tanlanganlarning hammasi imonga keldi. Shunday qilib, Rabbimiz Iso haqidagi xabar yurt bo‘ylab yoyilib boraverdi. Ammo yahudiylar shaharning yuqori martabali taqvodor ayollarini va e’tiborli erkaklarini qayrab, Pavlus bilan Barnaboni quvg‘in qilib, ularni yurtdan quvib chiqarishga undadilar. Havoriylar esa ularga qarshi e’tiroz sifatida oyoqlarining changini qoqib, Ikoniya shahriga ketdilar. Antioxiyadagi shogirdlar sevinch va Muqaddas Ruhga to‘lib boraverdilar. Xuddi shunga o‘xshash voqea Ikoniya shahrida yuz berdi: Pavlus bilan Barnabo sinagogaga kirib, otashin va’z aytdilar. Natijada bir qancha yahudiylar bilan g‘ayriyahudiylar imonga keldilar. Ammo imonga kelmagan yahudiylar g‘ayriyahudiylarni qayrab, ularni imonlilarga qarshi qo‘zg‘atdilar. Havoriylar Pavlus bilan Barnabo bu yerda uzoq vaqt qolib, Rabbimiz Iso haqida jasorat bilan gapiraverdilar. Rabbimiz ham ularga mo‘jizalar va alomatlar ko‘rsatish qudratini berib, O‘zining marhamati haqidagi xabarni ular orqali tasdiqladi. Shahar aholisi esa ikkiga bo‘lindi: ba’zilari yahudiylar tomonga o‘tdi, boshqalari esa havoriylarga qo‘shildi. Shundan keyin yahudiylar va g‘ayriyahudiylar o‘z yo‘lboshchilari bilan birga havoriylarga hamla qilib, ularni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘ldilar. Havoriylar bu to‘g‘rida bilib qolganlaridan keyin Likaoniyaning boshqa hududlariga qochib ketdilar. Ular Listra va Darba shaharlarida va ularning yon–atrofidagi joylarda ham Xushxabarni va’z qilishda davom etdilar. Listra shahrida bir odam bo‘lib, oyoqlarini qimirlata olmasdan o‘tirardi. U tug‘ma mayib bo‘lib, hech qachon yurmagan edi. Pavlus gapirayotganda, u quloq solib o‘tirgan edi. Pavlus unga tikilib qaradi. U odamning shifo topishiga ishonchi borligini ko‘rib, unga baland ovozda dedi: — O‘rningdan tur! U odam sakrab o‘rnidan turdi–da, yura boshladi. Olomon Pavlusning qilgan ishini ko‘rgach, Likaoniya tilida: “Xudolar bizning oldimizga inson qiyofasida kelibdi!” deb shovqin soldilar. Ular Barnaboni Zevs, Pavlus notiq bo‘lgani uchun uni Hermes deb atashdi. Zevsning ma’badi shahar tashqarisida edi. Zevs ruhoniysi shahar darvozalariga buqalar va gulchambarlar olib keldi. Ruhoniy bilan olomon qurbonlik nazr qilmoqchi bo‘ldilar. Havoriylar — Barnabo bilan Pavlus buni eshitib, yoqalarini chok qilib, olomon orasiga yorib kirdilar. Ular shunday deb shovqin soldilar: — Do‘stlar! Nimaga bunday qilyapsizlar! Biz ham sizlar singari insonlarmiz! Biz sizlarga Xushxabar olib keldik, toki sizlar anavi behuda narsalardan yuz o‘giringlar, osmonni, yerni, dengizni, ulardagi hamma narsani yaratgan barhayot Xudoga yuz buringlar. O‘tmishda Xudo hamma xalqlarni o‘z holiga qo‘ydi. Ammo shunga qaramay, O‘z ezguligini ko‘rsatib, osmondan yomg‘ir yog‘dirib keldi, mavsumida hosil berdi, rizqingizni tugal qilib, yuraklaringizni shodlikka to‘ldirdi. Shu gaplari bilan havoriylar, biz uchun qurbonlik keltirmanglar, deb olomonni zo‘rg‘a to‘xtatib qoldilar. Ammo Antioxiya va Ikoniyadan yahudiylar kelib, xalqni o‘zlariga og‘dirib oldilar. Ular Pavlusni toshbo‘ron qildilar va “U o‘ldi, shekilli”, deb uni shahardan tashqariga sudrab chiqarib tashladilar. Shogirdlar Pavlusning atrofiga yig‘ilganlaridan keyin esa, u o‘rnidan turib, shaharga qaytib kirdi. Ertasi kuni esa Barnabo bilan birga Darba shahriga ketdi. Ular Xushxabarni Darba shahrida va’z qilib, ko‘p shogirdlar orttirganlaridan keyin, Listra shahriga, so‘ngra Ikoniya va Antioxiya shaharlariga qaytib keldilar. Ular shogirdlarni imonda sobit qolishga undab: “Biz Xudo Shohligiga kirishimiz uchun ko‘p mashaqqatlarni boshdan kechirishimiz kerak”, deb dalda berardilar. Ular har bir imonlilar jamoatiga oqsoqollar tayin qildilar. So‘ng ibodat qilib va ro‘za tutib, oqsoqollarni o‘zlari ishongan Rabbimiz Isoning panohiga topshirdilar. So‘ngra ular Pisidiyadan o‘tib, Pamfiliyaga keldilar. Perga shahrida Iso haqidagi xabarni va’z qilganlaridan keyin, Attaliyaga ketdilar. So‘ng kemada Antioxiyaga qaytib keldilar. Bu shahardagi jamoat ularni hozir tamomlagan ishlari uchun Xudoning marhamatiga topshirgan edi. Havoriylar Antioxiyaga kelganlaridan keyin, jamoatni bir joyga yig‘dilar va Xudo ular orqali nimalar qilganini, g‘ayriyahudiylarning imonga kelishi uchun Xudo qanday yo‘l ochib berganini aytib berdilar. Havoriylar bu yerda shogirdlar bilan birga ancha vaqt qoldilar. Yahudiyadan bir necha odam Antioxiyaga kelib, imonlilarga shunday ta’lim bera boshladilar: “ Musoning qonuniga binoan sunnat qilinmasangizlar, najot topa olmaysizlar.” Pavlus bilan Barnabo ular bilan qizg‘in bahsu munozaraga kirishdilar. Shunda: “Pavlus bilan Barnabo hamda Antioxiyadan bir necha odam Quddusga yuborilsin”, deb qaror qilindi. Ular bu masalani havoriylar va oqsoqollar bilan muhokama qilishlari kerak edi. Imonlilar jamoati ularni yo‘lga kuzatib qo‘ydi. Ular Finikiya va Samariya orqali o‘tar ekanlar, g‘ayriyahudiylar qanday qilib Xudoga yuz burganini aytib berdilar. Bu xabar hamma imonlilarga katta quvonch bag‘ishladi. Pavlus va Barnabo Quddusga kelganlaridan keyin, jamoat, havoriylar, oqsoqollar ularni samimiy kutib oldilar. Pavlus va Barnabo Xudoning ular orqali qilgan ishlarini yig‘ilganlarga so‘zlab berdilar. Ammo farziylar mazhabiga mansub imonlilar o‘rnilaridan turib: “G‘ayriyahudiylar sunnat qilinishlari kerak. Ularga Musoning qonuniga rioya qilishlarini buyurish kerak”, dedilar. Havoriylar va oqsoqollar bu masalani muhokama qilish uchun yig‘ildilar. Uzoq davom etgan munozaradan keyin Butrus o‘rnidan turib, ularga dedi: — Birodarlarim! O‘zlaringiz bilasizlarki, Xushxabarni g‘ayriyahudiylarga va’z qilishim uchun Xudo meni ancha vaqt oldin orangizdan tanlab oldi. G‘ayriyahudiylar ham Xushxabarni eshitib, imonga kelishi Uning maqsadi edi. Xudo inson zotining yuragini biladi, U bizga bergan Muqaddas Ruhni g‘ayriyahudiylarga ham berdi. Shu orqali ularni qabul qilganini tasdiqladi. Xudo imon orqali g‘ayriyahudiylarning yuraklarini pokladi. Shunday qilib, Xudo biz bilan g‘ayriyahudiylar orasidagi farqni yo‘q qildi. Shunday ekan, nima uchun shogirdlarning yelkasiga og‘ir yuk ortib, Xudoni sinayapsizlar?! Axir, bu yukni biz ham, ota –bobolarimiz ham ko‘tara olmagan edik–ku! Yo‘q! Ishonamizki, biz ham ular singari, Rabbimiz Isoning inoyati tufayli najot topamiz. Hamma havoriylar va oqsoqollar sukutda qoldilar. Barnabo bilan Pavlus Xudoning ular orqali g‘ayriyahudiylar orasida ko‘rsatgan alomatlar va ajoyibotlar to‘g‘risida gapirib berdilar. Ular gapini tugatgach, Yoqub co‘z oldi: — Birodarlarim! Meni eshitinglar. Hozir Butrus bizga Xudoning ilk bor g‘ayriyahudiylarga iltifot nazarini solganini va ular orasidan O‘ziga bir xalq tanlab olganini tushuntirib berdi. Bu so‘zlar payg‘ambarlarning aytganlari bilan mos keladi. Yozilganiday: “‘Bundan keyin Men qaytib kelib, Dovudning yiqilgan shohligini qayta tiklayman, Uning xarobalarini yangidan barpo qilib, Uni qayta tiklab qo‘yurman. Toki boshqa xalqlarning hammasi Menga intilsinlar, O‘zim da’vat qilgan o‘sha g‘ayriyahudiylar Meni izlasinlar.’ Egamizning kalomi shudir. Egamiz bularni bizga azaldan ma’lum qilgan.” Yoqub gapida davom etdi: — Shuning uchun Xudoga yuz burayotgan g‘ayriyahudiylarni qiyin ahvolga solib qo‘ymasligimiz kerak. Buning o‘rniga, ularga xat yozib, shunday deb aytaylik: “Butlarga keltirilgan qurbonlikning go‘shtini tanovul qilishdan, zinodan va qoni chiqarilmagan hayvonning go‘shtini yeyishdan o‘zlaringizni tiyinglar.” Axir, Musoning qonuni azal–azaldan har bir shaharda va’z qilinmoqda, har Shabbat kuni sinagogalarda o‘qilmoqda.” Shundan keyin havoriylar va oqsoqollar butun imonlilar jamoati bilan shunday qarorga keldilar: “Guruhimizdan bir necha odamni tanlab olib, ularni Pavlus va Barnabo bilan birga Antioxiyaga yuboramiz.” Ular ikkita odamni — Barsabo degan Yahudoni va Silani tanlab oldilar. Yahudo va Sila jamoatning yo‘lboshchilari edilar. Ularni shunday maktub bilan jo‘natdilar: “Biz, havoriylar va oqsoqollar — sizlarning birodarlaringiz Antioxiya, Suriya va Kilikiyada yashaydigan g‘ayriyahudiy birodarlarimizga salom yo‘llayapmiz. Eshitishimizcha, bizning oramizdan ba’zilar borib, o‘zlarining gaplari bilan sizlarni xavotirga solibdi, yuraklaringizni g‘ash qilibdi. Ammo ularni biz yubormagan edik. Biz vakillar tanlab, ularni aziz do‘stlarimiz Barnabo va Pavlus bilan birga sizlarning huzuringizga yuborishga bir ovozdan qaror qildik. Barnabo bilan Pavlus Rabbimiz Iso Masih haqi–hurmati, hayotlarini xavf ostiga qo‘yganlar. Shu bois biz Yahudo bilan Silani yuboryapmiz. Ushbu yozayotganlarimizni ular sizlarga og‘zaki ham tasdiqlab beradilar. Biz Muqaddas Ruh boshchiligida sizlarga quyidagi kerakli talablardan boshqa yukni yuklamaslikka qaror qildik: sizlar butlarga keltirilgan qurbonlikning go‘shtini va qoni chiqarilmagan hayvonning go‘shtini tanovul qilishdan hamda zinodan o‘zlaringizni tiyinglar. O‘zlaringizni ana shulardan tiysangizlar, yaxshi ish qilgan bo‘lasizlar. Omon bo‘linglar.” Shunday qilib, vakillar yo‘lga chiqib, Antioxiyaga keldilar. Ular jamoatni yiqqanlaridan keyin maktubni jamoat a’zolariga topshirdilar. Jamoat a’zolari maktubni o‘qib, dalda so‘zlaridan xursand bo‘ldilar. Yahudo bilan Sila payg‘ambar edilar. Ular imonlilarga dalda berib, ularga ko‘p gaplar aytib, imonda mustahkamladilar. [33-34] Yahudo bilan Sila ma’lum vaqt u yerda bo‘lganlaridan keyin, imonlilar ularni yuborgan birodarlari yoniga xayrixohlik bilan jo‘natib yubordilar. *** Pavlus bilan Barnabo esa birmuncha vaqt Antioxiyada qolishdi. Ular u yerda boshqalar bilan birga ta’lim berib, Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va’z qildilar. Oradan bir necha kun o‘tgach, Pavlus Barnaboga dedi: — Qani, biz Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va’z qilgan shaharlarga boraylik, imonlilarni yo‘qlaylik, ularning hol–ahvolini bilaylik. Barnabo Mark degan Yuhannoni o‘zlari bilan birga olib ketmoqchi edi. Ammo Pavlus buni istamadi. Mark ularni Pamfiliyada qoldirib, xizmatda oxirigacha birga bo‘lmagani uchun Pavlus Barnaboning bu fikriga qattiq e’tiroz bildirdi. Pavlus bilan Barnaboning orasida shunday anglashilmovchilik bo‘ldiki, ular bir–birlarini tark etdilar. Barnabo Markni o‘zi bilan birga olib, kemada Kiprga suzib ketdi. Pavlus esa Silani tanladi. Imonlilar ularni Rabbimiz Isoning panohiga topshirganlaridan keyin ular yo‘lga chiqdilar. Suriya va Kilikiya hududlarini kezib, jamoatlarni imonda mustahkamladilar. Pavlus Darba va Listra shaharlariga bordi. Listrada Isoning Timo‘tiy ismli shogirdi yashardi. Uning onasi imonga kelgan yahudiy bo‘lib, otasi yunon edi. Listra va Ikoniyadagi imonlilar Timo‘tiy to‘g‘risida yaxshi gaplar aytishardi. Pavlus Timo‘tiyni o‘zi bilan birga olib ketmoqchi bo‘lib, o‘sha yerlarda yashaydigan yahudiylar sababli uni sunnat qildirdi. Chunki Timo‘tiyning otasi yunon ekanini hamma bilardi. Ular shaharlar oralab o‘tganlarida, Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar qaror qilgan qoidalarni imonlilarga yetkazib, bularga rioya qilinglar, deb aytishardi. Shunday qilib, jamoatlar imonda mustahkam bo‘lib, kundan–kunga son jihatdan ko‘payib boraverdi. Ular Frigiya va Galatiya o‘lkasidan o‘tishdi, Muqaddas Ruh Asiya viloyatida Iso haqidagi xabarni va’z qilishni ularga taqiqlagandi. Ular Musiyadan o‘tib, Bitiniya viloyatiga kirishga harakat qildilar. Ammo Muqaddas Ruh orqali Iso ularga ijozat bermadi. Shunday qilib, ular qaytib, Musiya orqali Troasga ketdilar. Tunda Pavlusga vahiy keldi: Makedoniyalik bir odam: “Makedoniyaga kelib, bizga yordam ber!” deb iltijo qilardi. Pavlusga kelgan bu vahiydan keyin, biz tezda Makedoniyaga borishga hozirlik ko‘rdik. Xudo bizni u yerdagi xalqqa Xushxabarni va’z qilishga chaqirdi, deb ishonch hosil qilgan edik. Biz kemada Troas shahridan suzib ketib, to‘g‘ri Samofrakiyaga yo‘l oldik, ertasi kuni Neapolga ketdik. U yerdan esa Filippiga bordik. Bu Makedoniya viloyatining birinchi tumanidagi shahar bo‘lib, Rimga qarashli edi. Biz bir necha kun u yerda bo‘ldik. Shabbat kuni biz shahardan daryo bo‘yiga chiqdik. U yerda ibodat qiladigan joy bor, deb o‘ylagan edik. O‘sha yerda ayollar yig‘ilgan ekan, biz ular bilan o‘tirib suhbatlashdik. Bizni tinglab o‘tirganlar orasida Lidiya degan bir ayol ham bor edi. U Tiyatira shahridan bo‘lib, safsar matolar sotardi. U xudojo‘y edi. “Pavlusning aytganlarini jon dili bilan tinglasin”, deb Egamiz Lidiyaning yuragini ochdi. Lidiya bilan uning xonadon ahli suvga cho‘mdirilganlaridan keyin, u bizga shunday taklif qildi: “Agar meni Rabbimiz Isoga sodiq imonli deb hisoblasangizlar, mening uyimga kelib, o‘sha yerda turinglar.” Lidiya bizni ko‘ndirdi. Bir kuni biz ibodat qiladigan joyga ketayotganimizda, oldimizga bir cho‘ri qiz keldi. Bu qizda folchilik ruhi bo‘lib, u bashorat qilish orqali xo‘jayinlariga ko‘p pul ishlab berar ekan. U Pavlus bilan bizga ergashib, shunday deb baqirardi: “Manavi odamlar Qodir Xudoning qullari! Ular sizlarga najot topish yo‘lini e’lon qiladilar.” O‘sha cho‘ri bir necha kun davomida shunday qilib yurdi. Oxiri, Pavlus bezor bo‘lib, orqasiga o‘girildi–da, yovuz ruhga dedi: “Senga Iso Masih nomidan buyuraman: bu qizning ichidan chiqib ket!” O‘sha zahoti yovuz ruh qizning ichidan chiqib ketdi. Qizning xo‘jayinlari pul ishlash imkoniyati qo‘ldan ketganini anglab yetdilar. Ular Pavlus bilan Silani ushlab, shahar maydoniga sudrab keldilar. Ularni Rim amaldorlari huzuriga olib kelib: — Bu odamlar shahrimizni alg‘ov–dalg‘ov qilyaptilar! — dedilar. — Ular yahudiylardir, biz esa Rimliklarmiz, ular bizning qonunlarimizga zid bo‘lgan odatlarni targ‘ib qilyaptilar. Biz ularning odatlarini qabul qila olmaymiz yoki amalda qo‘llay olmaymiz. Olomon Pavlus bilan Silaga qarshi hujumga qo‘shildi. Shunda Rim amaldorlari Pavlus bilan Silaning kiyimlarini yechdirib, askarlarga: “Bularni kaltaklanglar”, deb buyurdilar. Ularni rosa kaltaklashgandan keyin, zindonga tashladilar. Rim amaldorlari zindonbonga: “Ularni yaxshilab qo‘riqla”, deb buyruq berdilar. Zindonbon buyruqni olib, ikkovini ichki bo‘lmaga tashladi va ularning oyoqlarini kundaga mahkamlab qo‘ydi. Yarim tunda Pavlus bilan Sila ibodat qilib, Xudoga hamdu sano aytayotgan edilar. Mahbuslar esa ularni tinglab o‘tirishardi. Birdan shunday qattiq zilzila yuz berdiki, qamoqxonaning poydevori larzaga keldi, shu zahoti hamma eshiklar ochilib, mahbuslarning kishanlari yechilib ketdi. Zindonbon uyg‘onib, qamoqxona eshiklari ochiq ekanini ko‘rdi. U, mahbuslar ozod bo‘lib ketibdi, deb o‘ylab, qilichini qinidan sug‘urib, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Pavlus ovozi boricha: “Zinhor o‘zingga shikast yetkaza ko‘rma, hammamiz shu yerdamiz!” deb baqirdi. Zindonbon, chiroqlar yoqilsin, deb buyurdi va shoshilganicha ichkari kirdi–da, titrab–qaqshab, o‘zini Pavlus bilan Silaning oyoqlari ostiga tashladi. Zindonbon ikkovini tashqariga olib chiqib: “Janoblar, najot topishim uchun nima qilishim kerak?” deb so‘radi. — Rabbimiz Isoga ishon, shunda o‘zing va xonadon ahling najot topasizlar, — deb javob berishdi ular. Pavlus bilan Sila Rabbimiz haqidagi xabarni zindonbonga va uning xonadon ahliga va’z qildilar. Zindonbon tunda o‘sha zahotiyoq ikkovini bir chetga olib o‘tib, yaralarini yuvdi. So‘ng o‘zi va butun xonadon ahli suvga cho‘mdirildi. Zindonbon Pavlus bilan Silani uyiga olib kelib, ularga dasturxon yozdi. U butun xonadoni bilan birga Xudoga imon keltirganidan sevindi. Tong otgach, amaldorlar mirshablarni yuborib: “Anavi odamlar o‘z yo‘liga ketaversin”, dedilar. Zindonbon bu xabarni Pavlusga yetkazdi: “Amaldorlar sizlarni ketaversin, deb xabar yuboribdi, hoziroq chiqinglar, eson–omon boringlar”, dedi. Pavlus esa mirshablarga shunday dedi: — Rim fuqarosi bo‘lsak ham, bizni hukm qilmasdan xalqning ko‘z o‘ngida kaltakladilar, zindonga tashladilar. Nima uchun endi yashirincha bizni jo‘natib yubormoqchilar?! Bunaqasi ketmaydi! O‘zlari kelib, bizni zindondan chiqarsinlar. Mirshablar bu so‘zlarni amaldorlarga yetkazdilar. Ular Pavlus bilan Silaning Rim fuqarosi ekanini eshitib, qo‘rqib ketdilar. Shunday qilib, amaldorlar borib, ulardan kechirim so‘rab, ularni zindondan olib chiqdilar. So‘ngra: “Shahardan ketsangizlar”, deb iltimos qildilar. Pavlus bilan Sila zindondan chiqqanlaridan keyin, Lidiyaning uyiga bordilar. Ular bu yerda imonlilar bilan uchrashib, ularga dalda berdilar, so‘ng u yerdan ketdilar. Pavlus bilan Sila Amfipol va Apoloniya shaharlarini bosib o‘tib, Salonika shahriga keldilar. Bu shaharda yahudiylar sinagogasi bor edi. Pavlus, o‘z odatiga ko‘ra, sinagogaga kirdi va uch hafta davomida Shabbat kunlari yahudiylar bilan munozara olib bordi. U Muqaddas Bitiklar asosida Masihning azob chekishi va o‘likdan tirilishi kerakligini tushuntirib, isbotlab berdi. So‘ng: “Men sizlarga aytayotgan Iso o‘sha Masihdir”, dedi. Yahudiylardan ba’zilari, shuningdek, taqvodor yunonlardan katta guruhi va yuqori martabali ayollarning ko‘pchiligi Pavlus bilan Silaga ishonib, ularga qo‘shildilar. Ammo ishonmagan yahudiylar hasadga to‘ldilar va ko‘chalardagi bekorchi daydilarni to‘plab, olomonni yig‘ib, shaharda g‘alayon boshladilar. Ular: “Pavlus bilan Silani qidirib topamiz, xalqning oldiga olib chiqamiz”, deb Yason degan odamning uyiga hujum qildilar. Ammo ularni topa olishmadi. So‘ngra Yason bilan bir necha imonlilarni shahar amaldorlari huzuriga sudrab keldilar va shunday deya shovqin soldilar: “Anavi odamlar butun dunyoni ostin–ustin qilib, bizning shahrimizga ham kelibdilar. Yason o‘sha odamlarga uyidan joy beribdi. Ularning hammasi Iso degan boshqa shoh bor, deb Qaysarning farmonlariga qarshi chiqyaptilar.” Xalq va shahar amaldorlari bu gaplarni eshitib, bezovtalanib qoldilar. Ular Yason va boshqa imonlilardan garovga pul olib, ularni qo‘yib yubordilar. Qorong‘i tushgach, imonlilar Pavlus bilan Silani Beriya shahriga jo‘natdilar. Ular shaharga kelib, yahudiylar sinagogasiga kirdilar. Bu yerdagi yahudiylar Salonikadagi yahudiylarga qaraganda keng fikrli edilar. Ular zo‘r ishtiyoq bilan Iso haqidagi xabarni tinglashar, Pavlusning aytganlari haqiqat ekanini ko‘rish uchun Muqaddas Bitiklarni har kuni tadqiq etishardi. Ularning ko‘pchiligi shu boisdan imonga keldilar, shuningdek, yuqori martabali yunon ayol va erkaklarining ko‘pchiligi ham imonga keldilar. Ammo Salonikadagi yahudiylar, Pavlus Beriyada Xudoning kalomini va’z qilibdi, degan gapni eshitganlarida, ular Beriyaga kelib, olomonni gijgijlab, qayradilar. Shunda imonlilar Pavlusni zudlik bilan dengiz bo‘yiga jo‘natib yubordilar. Sila bilan Timo‘tiy esa Beriyada qoldilar. Pavlusni kuzatib ketganlar uni Afinagacha olib borib qo‘ydilar. Ular Pavlusdan: “Sila bilan Timo‘tiy tezroq mening oldimga yetib kelsin”, degan ko‘rsatmani olganlaridan keyin Beriyaga qaytib ketdilar. Pavlus Sila bilan Timo‘tiyni Afinada kutarkan, shahar butlarga to‘lib ketganini ko‘rib, ta’bi juda xira bo‘ldi. Pavlus sinagogada yahudiylar va taqvodor yunonlarga dalillar keltirdi. Shuningdek, shahar maydonida har kuni duch kelgan odamlarga ham va’z qildi. Bir necha epikurchi va stoik faylasuflar ham Pavlus bilan bahsga kirishdi. Ba’zilari: “Bu mahmadona nima demoqchi?” desa, boshqalari: “U begona xudolar to‘g‘risida va’z qilyapti” der edi. Pavlus Iso to‘g‘risidagi Xushxabarni va o‘liklardan tirilishni va’z qilayotgani uchun shunday deb aytardilar. Ular Pavlusni ushlab, Aryopagos kengashiga olib bordilar va shunday dedilar: “Sen o‘rgatayotgan yangi ta’limot nima ekanini biz ham bilishimiz mumkinmi? Bu ta’limoting bizga bir oz g‘alati tuyulyapti, shuning uchun bu nimani anglatishini bilmoqchimiz.” (Hamma Afinaliklar va bu yerda yashayotgan musofirlar butun vaqtlarini oxirgi yangiliklarni aytib berish yoki eshitish bilan o‘tkazishni yaxshi ko‘rishardi.) Pavlus Aryopagos kengashining oldiga chiqib, shunday dedi: — Ey Afinaliklar! Sizlar har jihatdan g‘oyat dindor ekaningizni ko‘rib turibman. Men butun shaharni kezib chiqib, sizlar sajda qilayotgan narsalarga diqqat bilan nazar tashladim. Men o‘sha narsalarning orasidan “Noma’lum xudoga” degan yozuv bitilgan qurbongohni ko‘rdim. O‘zlaringiz bilmasdan turib sajda qilayotgan Xudoni men sizlarga anglatay. Olamni va undagi hamma narsalarni yaratgan Xudo yeru osmonning Egasi bo‘lib, inson qo‘li bilan yasalgan sajdagohlarda yashamaydi. Har qanday odamga jon, nafas va hamma narsani Uning O‘zi bergan. Shuning uchun U insonning qo‘liga qarab kolmagan. U hech narsaga muhtoj emas. Xudo bitta odamdan jamiki elatlarni yaratib, ularni butun yer yuziga joylashtirdi. U elatlarning hayoti vaqtini va ular istiqomat qiladigan joylarning chegaralarini belgilab berdi. Xudo bularni, Meni qidirsinlar, paypaslanib bo‘lsa–da, topsinlar, deb qildi. Haqiqatan ham, U har birimizdan uzoqda emas. Zotan, “biz Unda yashaymiz, Unda harakat qilamiz va Unda mavjudmiz.” Sizning shoirlaringizdan biri shunday degan edi: “Biz ham Uning zurriyotimiz.” Biz Xudoning zurriyotidan ekanmiz, Xudoni inson o‘z san’ati va mahorati bilan shaklga solgan oltinga yoki kumushga, yo toshga o‘xshatmasligimiz kerak. Xudo o‘tmishda insoniyatning johilligiga e’tibor bermadi. Endi esa U hamma joydagi jamiki xalqlarga: “ Tavba qilinglar!” deb amr bermoqda. Chunki U dunyo xalqlarini O‘zi tayinlagan Zot orqali adolat bilan hukm qiladigan kunni belgiladi. O‘sha Zotni o‘likdan tiriltirdi. Shu yo‘sinda jamiki insonlarga bu Zotning tayinlanganini isbot qildi. Ular Pavlusning o‘liklar tirilishi haqidagi gapini eshitganlarida, ba’zilar uni masxara qildi, ammo boshqalar: “Biz bu haqda yana sizning gaplaringizni eshitmoqchimiz”, dedilar. Shunday qilib, Pavlus ularning oldidan ketdi. Bir necha odam unga ergashib, imonga keldi. Imonga kelganlarning orasida Aryopagos kengashining a’zosi Dionis, Damar ismli ayol va boshqa odamlar ham bor edi. Shundan keyin Pavlus Afinadan ketib, Korinfga yo‘l oldi. U yerda Pavlus Akil degan bir yahudiy bilan tanishdi. Akil Pontusda tug‘ilgan bo‘lib, xotini Priskilla bilan Italiyadan yaqinda kelgan ekan. Chunki Qaysar Klavdiy, hamma yahudiylar Rimdan chiqib ketsin, deb farmon bergan edi. Pavlus ularni ko‘rgani bordi. Ular hamkasb — chodir tikuvchilik bilan shug‘ullanganlari uchun, Pavlus ularnikida qolib, ishladi. Har Shabbat kuni u sinagogada munozara o‘tkazib, yahudiylar va yunonlarni ishontirishga harakat qildi. Sila bilan Timo‘tiy Makedoniyadan kelganlaridan keyin, Pavlus butun vaqtini Iso haqidagi xabarni va’z qilishga bag‘ishladi. U yahudiylarga Isoning Masih ekani to‘g‘risida guvohlik berardi. Yahudiylar esa Pavlusga qarshi chiqib, uni haqorat qildilar. Pavlus ulardan norozi bo‘lib, kiyimlaridan changni qoqdi–da: “Qoningiz o‘z gardaningizda qolsin, menda ayb yo‘q, hozirdan boshlab g‘ayriyahudiylar orasiga ketganim bo‘lsin”, dedi ularga. Shunday qilib, Pavlus sinagogani tark etib, Titas Yustus degan bir odamning uyiga bordi. Titas Yustus ham xudojo‘y odam bo‘lib, uning uyi sinagoganing yonginasida edi. Sinagoganing qavmboshisi Krisp butun xonadoni bilan Rabbimiz Isoga imon keltirdi. Pavlusdan Xushxabar eshitgan Korinfliklarning ko‘pchiligi ishonib, suvga cho‘mdirildilar. Bir kuni tunda Rabbimiz Iso vahiyda Pavlusga zohir bo‘lib, dedi: “Qo‘rqma! Gapiraver, sukut saqlama! Men sen bilan birgaman. Bu shahardagi ko‘pchilik Mening odamlarim bo‘lgani uchun, hech kim senga zarar yetkaza olmaydi.” Shunday qilib, Pavlus bu shaharda bir yilu olti oy turib, xalqqa Xudoning kalomidan ta’lim berdi. Kalliya Axaya viloyatiga hokimlik qilgan paytlarda, yahudiylar birgalashib Pavlusga qarshi chiqdilar va uni sudrab, mahkamaga olib keldilar. Ular shunday dedilar: — Mana bu odam qonunga qarshi yo‘llar bilan Xudoga sajda qilishga xalqni da’vat qilyapti. Pavlus endi gapirmoqchi bo‘lib turgan edi, Kalliya yahudiylarga shunday dedi: — Ey yahudiylar! Agar da’voingiz yomon qilmish yoki og‘ir jinoyat masalasida bo‘lganda edi, shikoyatlaringizni qabul qilishga sabab topgan bo‘lardim. Ammo bu da’volaringiz ayrim so‘zlar, ismlar va o‘z qonuningiz borasida ekan, bularni o‘zlaringiz ko‘rib chiqaveringlar. Men bu masalalarning hakami bo‘lmayman. Kalliya yahudiylarni mahkamadan haydab chiqardi. Shunda olomon sinagoga qavmboshisi Sostenni tutib oldi–da, mahkamaning oldida uni kaltakladi. Ammo Kalliya bularning birontasiga e’tibor bermadi. Pavlus Korinfda imonlilar bilan uzoq vaqt turdi. So‘ng ular bilan xayrlashib, kemada Suriyaga suzib ketdi. Akil bilan Priskilla ham u bilan birga ketdilar. Pavlus Xudoga ont ichgani uchun Kenxreyadan suzib ketishdan oldin sochini oldirdi. [19-21] Ular Efesga yetib keldilar. Pavlus sinagogaga borib, yahudiylar bilan munozara o‘tkazdi. Odamlar Pavlusdan, biz bilan uzoqroq qoling, deb iltimos qildilar. Ammo Pavlus rozi bo‘lmadi. Ketishidan oldin esa ularga: “Xudo xohish bildirsa, sizlarning oldingizga qaytib kelaman”, dedi. Shundan keyin Akil bilan Priskillani Efesda qoldirib, o‘zi kemada suzib ketdi. *** *** Pavlus Qaysariyaga yetib kelgandan keyin, Quddusga bordi va imonlilar jamoati bilan ko‘rishdi. Shundan so‘ng Antioxiyaga ketdi. U yerda ma’lum vaqt bo‘lgach, yana yo‘lga chiqdi va Galatiya, Frigiya o‘lkalarini kezib, barcha imonlilarga dalda berdi. Shu paytda Apollos degan bir yahudiy Efesga keldi. U asli Iskandariyadan edi. U gapga chechan odam bo‘lib, Muqaddas Bitiklarni juda yaxshi bilardi. U Rabbimiz Isoning yo‘lida ta’lim olgan bo‘lib, otashin ruh bilan gapirardi. Garchi faqat Yahyoning suvga cho‘mdirish to‘g‘risidagi ta’limotini bilgan bo‘lsa–da, Iso haqida to‘g‘ri ta’lim berardi. Apollos sinagogada jasorat bilan gapira boshladi. Priskilla bilan Akil Apollosning va’zini eshitganlaridan keyin, uni uyiga taklif qilib, Xudoning yo‘lini yanada aniqroq tushuntirib berdilar. Apollos Axayaga borishga qaror qildi. Efesdagi imonlilar Axayadagi shogirdlarga, Apollosni yaxshi qabul qilsangizlar, deb maktub yozdilar. Apollos Axayaga kelgach, Xudoning inoyati bilan imonga kelganlarga katta yordam berdi. Apollos, Muqaddas Bitiklar asosida Isoning Masih ekanini isbot etib, qat’iyat bilan yahudiylarning nohaqligini ochiqchasiga fosh qilardi. Apollos Korinfda ekan, Pavlus qirlar bo‘ylab yo‘l yurib, Efesga keldi. Bu yerda u bir necha imonli birodarni topdi. Pavlus ulardan: “Imonga kelganlaringizda, Muqaddas Ruhni qabul qildingizlarmi?” deb so‘radi. Ular: “Yo‘q, biz Muqaddas Ruh borligini hatto eshitmaganmiz”, deb javob berdilar. “Unday bo‘lsa, qay asosda suvga cho‘mdirildingizlar?” deb so‘radi Pavlus. “Yahyoning ta’limotiga ko‘ra suvga cho‘mdirildik”, deb javob berdi ular. Shunda Pavlus dedi: — Yahyo tavba qilganlarni suvga cho‘mdirar edi. U Isroil xalqiga, mendan keyin kelayotganga, ya’ni Isoga, imon keltiringlar, degan edi. Ular bu gapni eshitib, Rabbimiz Isoning nomidan suvga cho‘mdirildilar. Pavlus ularga qo‘lini qo‘ygan edi, Muqaddas Ruh ularni qamrab oldi. Ular boshqa tillarda gapirib, bashorat qila boshladilar. Ularning hammasi taxminan o‘n ikki kishi edi. Pavlus sinagogaga uch oy davomida borib, jasorat bilan xalqqa gapirib, Xudoning Shohligi to‘g‘risida ishonchli dalillar keltirdi. Ammo ba’zilari ishonishni rad qildilar va hammaning oldida Isoning yo‘li to‘g‘risida yomon gaplarni aytdilar. Pavlus yoniga imonlilarni olib, ularning huzuridan ketdi. Har kuni u Tiran degan odamning ma’ruza zalida munozara o‘tkazadigan bo‘ldi. Bu holat ikki yil davom etdi, Asiya aholisining hammasi — yahudiylar ham, yunonlar ham Rabbimiz Iso haqidagi xabarni eshitishdi. Xudo Pavlus orqali g‘aroyib mo‘jizalar ko‘rsatar edi. Pavlusning tanasiga tekkan ro‘molcha yoki kiyimlar xastalarga tekkizilganda, ular xastaliklaridan shifo topar, ulardan yovuz ruhlar chiqib ketardi. [13-14] Skeva degan bir yahudiy bosh ruhoniyning yetti o‘g‘li bor edi. Ular o‘lka bo‘ylab kezib, odamlardan yovuz ruhlarni quvib chiqarar edilar. Bir kuni ular Rabbimiz Isoning nomi bilan shunday qilishga urinib, yovuz ruhga: “Pavlus e’lon qilayotgan Iso nomi bilan buyuramiz: chiqib ket!” dedilar. *** Yovuz ruh esa ularga: “Men Isoni bilaman, Pavlusni ham bilaman, sizlar esa kim bo‘libsizlar?” deb so‘radi. Ichida yovuz ruhi bor odam ularga tashlandi. Ularni shu qadar qattiq urdiki, ular o‘sha uydan yalang‘och, yarador holda zo‘rg‘a qochib qutuldilar. Efesda yashagan yahudiy va yunonlarning hammasi bu voqeani eshitib, qo‘rquvga tushdilar. Rabbimiz Isoning nomi ulug‘landi. Shuningdek, imonga kelganlarning ko‘pchiligi qilmishlarini ochiqchasiga e’tirof etdilar. Afsungarlik bilan mashg‘ul bo‘lganlarning bir qanchasi kitoblarini to‘plab, ommaning ko‘zi oldida yoqib yubordilar. Bu kitoblarning qiymati hisoblanganda, ellik ming kumush tanga chiqdi. Shu tariqa Rabbimiz haqidagi xabar yoyilib, kuch–qudrati ortib boraverdi. Shu hodisalar yuz bergandan keyin, Pavlus Makedoniya va Axayadan o‘tib, Quddusga borishni qaror qildi. “U yerga borganimdan keyin, Rimni ham ko‘rishim kerak”, dedi u. Shunday qilib, u ikki yordamchisi — Timo‘tiy bilan Erastni Makedoniyaga yubordi. Pavlusning o‘zi esa ma’lum vaqt Asiya viloyatida qoldi. Ammo o‘sha paytda Isoning yo‘liga qarshi qattiq g‘ala–g‘ovur bo‘ldi. Dimitriy degan bir zargar odam Artemidaning ma’badi tasvirini kumushdan yasab, hunarmandlarga ko‘p foyda keltirardi. Dimitriy bu sohada ishlaydigan hamma hunarmandlarni chaqirib, shunday dedi: — Birodarlar, bilasizlarki, biz shu hunar orqali yaxshi daromad olamiz. Sizlar faqat Efesdagina emas, balki butun Asiya viloyatida Pavlus degan odamning qilayotganlarini ko‘rib, eshityapsizlar. Pavlusning aytishi bo‘yicha, qo‘lda yasalgan xudolar aslo xudolar emasmish. U ko‘pchilikni shunga ishontirib, yo‘ldan uryapti. Shunisi xavfliki, bizning bu hunarimiz xalqning nazaridan qolishi mumkin. Faqat shugina emas, balki boshqa xavf ham bor: buyuk Artemidaning ma’badi hech narsaga arzimas ekan, degan fikrga olib keladi, bu ma’budaning ulug‘vorligi barham topadi. Axir, unga Asiya viloyatidagi va butun dunyodagi hamma odam topinadi–ku!” Hunarmandlar bu gapni eshitganlarida, g‘azablanib: “Efesning Artemidasi buyukdir!” deb shovqin–suron ko‘tardilar. Shaharda to‘s–to‘polon boshlandi. Xalq ikkita Makedoniyalikni — Gay bilan Aristarxni tutib olib, teatr tomonga shoshildilar. Ikkalovi Pavlusga yo‘lda hamroh bo‘lib kelayotgan edilar. Pavlus olomon oldiga chiqmoqchi bo‘lgan edi, imonlilar yo‘l qo‘ymadilar. Hatto Pavlusning do‘stlari bo‘lgan Asiya viloyatining ba’zi amaldorlari xabar berib, teatrga kirishga tavakkal qilmang, deb iltimos qildilar. Olomon sarosimaga tushgan edi. Ba’zilari bir narsa deb shovqin solsa, boshqalari boshqa narsani aytib shovqin solardi. Ularning ko‘pchiligi nima uchun yig‘ilganini bilmasdi. Yahudiylar olomonga vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘lib, Iskandar degan bir odamni oldinga chiqardilar. Iskandar qo‘li bilan olomonga, jim bo‘linglar, degan ishorani qilib, himoya nutqini aytishga harakat qildi. Ammo xalq uning yahudiy ekanini bilgach, hammalari jo‘r bo‘lib: “Efesliklarning Artemidasi buyukdir!” deb ikki soatga yaqin baqirib turishdi. Ammo shahar kotibi olomonni tinchlantirgach, shunday dedi: — Ey Efesliklar! Buyuk Artemida ma’badining va osmondan tushgan haykalining saqlovchisi Efes shahri ekanini kim bilmaydi?! Bularni hech kim inkor eta olmaydi. Shunday ekan, sizlar sukut saqlab, o‘ylamasdan qadam bosmasligingiz kerak. Bu odamlar ma’badni talon–taroj qilmagan yoki ma’budamizni haqorat qilmagan, sizlar esa ularni bu yerga olib kelibsizlar. Agar Dimitriy bilan uning hunarmandlari biron odamni ayblaydigan bo‘lsa, mahkamalar ochiq, qozilar bor, bir–biriga qarshi ayblovlarni o‘sha yerda hukm qilishsin. Agar boshqa bir chora ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, u aholining qonuniy yig‘inida hal qilinadi. Axir, bugun yuz bergan voqeadan keyin bizni isyonda ayblashlari mumkin. Bizda bu shovqin–suronni oqlaydigan biron sabab yo‘q. U shu gaplarni aytib, olomonni tarqatib yubordi. Shovqin–suron bosilgach, Pavlus shogirdlarni chaqirib, ularga dalda berdi. Keyin ular bilan xayrlashib, Makedoniyaga yo‘l oldi. U bosib o‘tgan hamma shaharlarda imonlilarga ko‘p dalda berdi. So‘ng Yunonistonga borib, u yerda uch oy turdi. U Suriyaga suzib ketmoqchi bo‘lgan edi, yahudiylar unga qarshi fitna uyushtirayotganini bilib qoldi. Shuning uchun Makedoniya orqali qaytishga qaror qildi. Veriyadan Pir o‘g‘li Sosipatr, Salonikadan Aristarx va Sekund, Darviyadan Gay, Timo‘tiy, Asiya viloyatidan Tixik va Trofim Pavlusga hamroh bo‘ldilar. Ular bizdan oldin ketib, Troasda bizni kutib turgan edilar. Xamirturushsiz non bayramidan keyin biz Filippidan suzib ketdik. Besh kundan so‘ng esa Troasda ular bilan uchrashib, u yerda yetti kun turdik. Haftaning birinchi kuni biz Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirish uchun yig‘ildik. Pavlus odamlarga yarim kechasigacha gapirdi. Ertasi kuni u jo‘nab ketishni rejalashtirgan edi. Biz yig‘ilgan boloxonada ko‘p chiroqlar yonib turardi. Yevtux degan bir yigit deraza raxida o‘tirgan edi. Pavlus gapini davom ettirar ekan, Yevtuxni qattiq uyqu bosdi. Uyqu g‘olib kelib, Yevtux uchinchi qavatdan yerga yiqildi. Uni ko‘targanlarida, jon bergan edi. Pavlus pastga tushdi, egilib, yigitni quchoqladi–da: “Xavotir olmanglar, u tirik”, dedi. So‘ngra Pavlus yana boloxonaga qaytib chiqdi. Rabbimizni xotirlab, non sindirib, ovqatlandi. Ular bilan tong otguncha suhbatlashdi, keyin yo‘lga chiqdi. Shu orada bu yigitni uyiga tirik olib bordilar, imonlilar bu voqeadan g‘oyat tasalli topdilar. Pavlus Assa shahriga quruqlik orqali ketishga qaror qildi. Qolganlarimiz esa undan oldin kemada suzib ketdik. Pavlus o‘sha shaharda kemaga chiqib, bizga qo‘shiladi, deb rejalashtirgan edik. Zotan, u bizga shunday qilishini aytgan edi. Pavlus biz bilan Assada uchrashgandan keyin, uni kemaga olib, Mitilina shahriga yo‘l oldik. Biz u yerdan suzib, ertasi kuni Xios oroli yaqiniga yetib bordik. Keyingi kuni Samos oroliga, uning ertasiga Milit shahriga yetib bordik. Pavlus Asiya viloyatida vaqtni yo‘qotmaslik uchun Efesni chetlab o‘tishga qaror qildi. Agar imkonini topsa, Hosil bayramida Quddusda bo‘lishni juda istayotgan edi. Pavlus Militdan Efesga xabar yuborib, imonlilar jamoatining oqsoqollariga: “Mening huzurimga kelsangizlar”, deb iltimos qildi. Oqsoqollar Pavlusning huzuriga kelganlarida, u oqsoqollarga dedi: — Men Asiya viloyatiga kelgan birinchi kunimdan boshlab sizlarning orangizda qanday yashaganimni o‘zlaringiz bilasizlar. Men ko‘p ko‘z yosh to‘kib, kamtarlik bilan Rabbimiz Isoga xizmat qildim. Yahudiylarning fitnalari dastidan kelgan sinovlarni boshdan kechirdim. O‘zlaringiz bilasizlar, men sizlarga biron foyda keltirishdan o‘zimni olib qochmadim. Balki uyma–uy yurib, ta’lim berdim, xalq oldida va’z qildim. Men yahudiylarni ham, yunonlarni ham, tavbaga chaqirdim. Xudoga yuz buringlar, Rabbimiz Isoga imon keltiringlar, deb ularga jiddiy nasihat qildim. Endi esa Muqaddas Ruhning asiri bo‘lib, Quddusga otlanyapman. U yerda menga nima bo‘lishini bilmayman. Ammo meni qamoq va quvg‘inlar kutayotgani to‘g‘risida Muqaddas Ruh har bir shaharda ogohlantirib kelmoqda. Lekin hayotim o‘zim uchun hech narsaga arzimaydi, deb hisoblayman. Men faqat vazifamni oxiriga yetkazishni va Rabbimiz Iso menga yuklagan ishni tugatishni istayman. Bu ish Xudoning inoyati to‘g‘risidagi Xushxabarni e’lon qilishdir. Men oralaringizda bo‘lib, Xudoning Shohligini va’z qildim. Endi shuni bilamanki, birontangiz ham mening yuzimni boshqa ko‘rmaysizlar. Shuning uchun bugun sizlarga shuni e’lon qilaman: men birovning halokati uchun mas’ul emasman. Axir, men Xudoning hamma maqsadini sizlarga bayon qilishdan bo‘yin tovlamadim. O‘zlaringizni ehtiyot qilinglar, suruvni ham ehtiyot qilinglar. Chunki Muqaddas Ruh ularni sizning qaramog‘ingizga bergan. Xudoning jamoatiga cho‘pon bo‘linglar. U bu jamoatni O‘zining O‘g‘li qoni evaziga sotib olgan. Bilaman, men ketganimdan keyin sizlarning orangizga yirtqich bo‘rilar keladi, ular suruvga shafqat qilmaydi. Hatto o‘z oralaringizdan ba’zi odamlar chiqib, shogirdlarni ortidan ergashtirib, haqiqatni buzib gapiradilar. Hushyor bo‘linglar! Mana shu uch yil davomida kechayu kunduz ko‘z yosh to‘kib, har biringizga qilgan pand–nasihatlarimni yodingizda tutinglar. Endi men sizlarni Xudoga va Uning marhamati haqidagi xabar panohiga topshirdim. Bu xabar sizlarga kuch–qudrat berib, jamiki muqaddas qilinganlar orasida meros berishga qodirdir. Men hech kimning kumushi yoki oltini, yo kiyimiga ko‘z olaytirmadim. O‘zlaringiz bilasizlarki, o‘zimni va sheriklarimni ta’minlash uchun qo‘llarim bilan mehnat qildim. Men sizlarga bu borada namuna bo‘lib, zaiflarni qanday qo‘llab–quvvatlashimiz kerakligini ko‘rsatdim. Rabbimiz Iso aytgan shu so‘zlarini eslaylik: “Olmoqdan ko‘ra bermoq ko‘proq marhamatlanadi.” Pavlus gapini tugatgandan keyin, hamma bilan birga tiz cho‘kib, ibodat qildi. Hammalari yig‘lab, Pavlusni bag‘rilariga bosdilar, u bilan o‘pishib xayrlashdilar. Pavlus: “Endi meni hech qachon ko‘rmaysizlar”, deb aytgani uchun ular nihoyatda g‘amgin bo‘lib qoldilar. Ular Pavlusni kemagacha kuzatib bordilar. Biz ular bilan xayrlashib, kemaga o‘tirdik va to‘g‘ri Kos oroliga keldik. Ertasi kuni Rodos oroliga, keyin esa Patara shahriga bordik. U yerda biz Finikiyaga ketayotgan kemani topib, o‘sha kemada suzib ketdik. Kiprga yaqinlashganimizda, bu orolni chap tomonimizda qoldirib, Suriyaga yo‘l oldik. Tirda kemadan yuk tushirmoqchi bo‘lganlari uchun, biz qirg‘oqda qoldik. Isoning u yerdagi shogirdlarini qidirib topdik va ular bilan bir hafta qoldik. Ular Muqaddas Ruh qudrati bilan Pavlusga, Quddusga bormang, deb aytdilar. Bu yerda vaqtimiz oxirlab qolgach, yo‘lga chiqib, safarimizni davom ettirdik. Imonlilarning hammasi, xotinlari va bola–chaqalari bilan birga bizni shahar tashqarisigacha kuzatib chiqdi. Dengiz bo‘yida tiz cho‘kib, ibodat qildik. So‘ng bir–birimiz bilan xayrlashdik. Biz kemaga chiqdik, ular ham uylariga qaytib ketdilar. Biz Tirdan sayohatni davom ettirib, Ptolemey shahriga keldik. U yerdagi imonlilarni ziyorat etib, bir kun yonlarida qoldik. Ertasi kuni yo‘lga chiqib, Qaysariyaga keldik. Xushxabarchi Filippning uyiga borib unikida qoldik. Filipp oziq–ovqat taqsimlash uchun saylangan yetti kishidan biri edi. Filippning to‘rtta turmushga chiqmagan qizi bo‘lib, ularga bashorat qilish in’omi berilgan edi. U yerda bir necha kun bo‘lganimizdan keyin, Yahudiyadan Agav degan payg‘ambar keldi. U bizning oldimizga keldi va Pavlusning kamarini olib, o‘zining oyoq–qo‘llarini bog‘ladi–da, shunday dedi: — Muqaddas Ruh demoqda: mana bu kamarning egasini yahudiylar Quddusda xuddi shu singari bog‘lab, uni g‘ayriyahudiylar qo‘liga topshiradilar. Bu gapni eshitganimizdan keyin biz ham, u yerdagi odamlar ham Pavlusga, Quddusga bormang, deb yalinib–yolvordik. Shunda Pavlus quyidagicha javob berdi: — Nima qilyapsizlar? Nimaga yig‘lab, yuragimni siqyapsizlar? Men faqat oyoq–qo‘llarim bog‘lanishiga emas, balki Rabbimiz Isoning nomi uchun Quddusga borib o‘lishga ham tayyorman. Biz Pavlusni ko‘ndira olmaganimizdan keyin, “Rabbimiz istaganiday bo‘lsin”, deb jim qoldik. Bu yerda ma’lum vaqt bo‘lganimizdan keyin, biz tayyorgarligimizni ko‘rib, Quddusga yo‘l oldik. Qaysariyadan Isoning ba’zi shogirdlari biz bilan birga bordilar. Ular bizni Isoning dastlabki shogirdlaridan bo‘lgan Kiprlik Minasonning uyiga olib keldilar. Biz uning xonadonida qoldik. Quddusga kelganimizda, imonlilar bizni xursandchilik bilan qabul qildilar. Keyingi kuni Pavlus biz bilan birga Yoqubni ko‘rgani bordi. Barcha jamoat oqsoqollari ham u yerda yig‘ilishgan edi. Pavlus ular bilan salomlashgandan keyin, o‘zining xizmati orqali g‘ayriyahudiylar orasida Xudo qilgan ishlarni batafsil hikoya qilib berdi. Ular bu gaplarni eshitib, Xudoga hamdu sano aytdilar. Keyin Pavlusga dedilar: — Birodarimiz Pavlus, ko‘rib turibsizki, yahudiylar orasida bir necha ming odam imonga kelgan. Ularning hammasi qonunga chin dildan o‘zlarini bag‘ishlaganlar. Ularning eshitishicha, siz g‘ayriyahudiylar orasida yashayotgan hamma yahudiylarga, Musoning qonunidan voz kechinglar, bolalaringizni sunnat qilmanglar, yahudiylarning urf–odatlariga rioya qilmanglar, deb ta’lim bergan ekansiz. Endi nima bo‘ladi? Sizning kelganingizni ular albatta eshitadilar. Endi bizning aytganlarimizni qiling. Oramizda nazr atagan to‘rtta odam bor. Shu odamlarni yoningizga olib, ular bilan birga poklanish marosimida ishtirok eting. Ular sochlarini oldirganlarida talab qilingan poklanish qurbonligining xarajatlarini o‘zingiz to‘lang. Shunday qilib, siz to‘g‘ringizda aytilgan gaplar haqiqat emasligini, siz esa Musoning qonuniga rioya qilgan holda yashayotganingizni hamma bilib oladi. Imonli g‘ayriyahudiylarga kelsak, bir qancha vaqt oldin biz ularga maktub jo‘natib, quyidagi qarorimizni ma’lum qilgan edik: “Butlarga keltirilgan qurbonlik go‘shtini va qoni chiqarilmagan hayvon go‘shtini tanovul qilishdan hamda zinodan o‘zlaringizni tiyinglar.” Ertasi kuni Pavlus o‘sha odamlarni yoniga olib, ular bilan birga o‘zini pokladi. So‘ng Ma’badga kirib, poklanish kunlari qachon tugashini, har bir odam uchun qachon qurbonlik keltirilishini e’lon qildi. Yetti kunlik marosim oxirlab qolgan edi. Asiya viloyatidan kelgan yahudiylar Pavlusni Ma’badda ko‘rib qoldilar. Ular olomonni qayrab, Pavlusni ushladilar. — Ey Isroil xalqi! Yordam beringlar! — deb shovqin soldi ular. — Manavi odam hamma joyda bizning xalqimizga, qonunimizga, Ma’badga qarshi ta’lim berib yuradi. Buning ustiga, u yunonlarni Ma’badga olib kelib, bu muqaddas joyni bulg‘adi! Bunday deyishlariga sabab, bundan oldin ular Efeslik Trofimni shaharda Pavlus bilan birga ko‘rishgan bo‘lib, “Pavlus o‘sha g‘ayriyahudiyni Ma’badga olib kirdi”, deb o‘ylagan edilar. Butun shahar oyoqqa turdi, xalq birgalashib harakatga keldi. Ular Pavlusni tutib, Ma’baddan sudrab chiqarib tashladilar. O‘sha zahoti Ma’bad eshiklari yopildi. Olomon endi Pavlusni o‘ldirmoqchi bo‘lib turgan edi, Rim lashkarining mingboshisiga: “Butun Quddus oyoqqa turdi”, degan xabar yetib keldi. Mingboshi o‘sha zahoti askarlari va yuzboshilarni olib, olomon tomonga yugurib ketdi. Olomon mingboshi bilan uning askarlarini ko‘rgach, Pavlusni kaltaklashni bas qildilar. Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, uni qamoqqa oldi va ikkita kishan bilan bog‘lashni buyurdi. So‘ngra u: “Bu odam kim? U nima qildi?” deb so‘radi. Olomon orasidan ba’zilari bir nimalar deb shovqin soldi, boshqasi yana nimalardir dedi. G‘ala–g‘ovur bo‘lganidan mingboshi nima yuz berganini aniq bila olmadi. Shuning uchun u Pavlusni qal’aga olib borishni buyurdi. Pavlus zinapoyaga kelganda, olomon shunchalik junbishga keldiki, askarlar Pavlusni ko‘tarib ketishlariga to‘g‘ri keldi. Olomon Pavlusning ortidan ergashib: “Unga o‘lim!” deb shovqin solardi. Askarlar Pavlusni qal’aga olib kirayotganlarida, u mingboshiga: “Sizga bir narsani aytsam mumkinmi?” dedi. — Yunoncha bilasanmi?! — deb hayron qoldi mingboshi. — Bir qancha vaqt oldin isyon boshlab, to‘rt ming qurollangan kallakesarni sahroga olib chiqqan Misrlik mabodo sen emasmisan? — Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarshish shahridanman, — dedi Pavlus. — O‘sha muhim shaharning fuqarosiman. Iltimos, xalqqa gapirishimga ijozat bering. Mingboshi Pavlusga ijozat bergach, u zinapoyada turib, odamlarga qo‘li bilan: “Jim bo‘linglar!” degan ishorani qildi. Odamlar tinchlangandan keyin, Pavlus ularga oromiy tilida gapira boshladi: “ Birodarlarim, otalar! Gapimga quloq solinglar, sizlarning oldingizda o‘zimni oqlay.” Odamlar uning oromiycha gapirayotganini eshitib, suv quyganday jim bo‘lib qoldilar. Pavlus gapida davom etdi: “Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarshishda tug‘ilganman, ammo Quddusda ulg‘aydim. Bu shaharda Gamalielning shogirdi bo‘lib, ota –bobolarimizning qonuniga jiddiy e’tibor berib ta’lim oldim. Xuddi bugungiday sizlarga o‘xshab, Xudoga o‘zimni bag‘ishladim. Isoning yo‘liga kirgan odamlarni o‘lguday quvg‘in qilardim, erkagu ayolni bog‘lab, zindonga tashlardim. Aytayotganlarim haqiqat ekanini oliy ruhoniy bilan butun Kengash tasdiqlay oladi. Ular Damashqdagi yahudiy birodarlarimizga xat yozib berdilar. Shunday qilib, men bu odamlarni kishanlab, Quddusga olib kelib jazolash uchun Damashqqa jo‘nadim. Men yo‘limda davom etib, Damashqqa yaqinlashib qolganimda, tush payti birdan osmondan yop–yorug‘ nur mening yon–atrofimni yoritib yubordi. Men yerga yiqildim. Shu payt: ‘Shoul! Shoul! Nega sen Meni quvg‘in qilyapsan?’ deb menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim. ‘Yo Hazratim! Sen kimsan?’deb so‘radim. Shunda U menga: ‘Sen quvg‘in qilayotgan Nosiralik Isoman’, deb javob berdi. Mening yonimdagilar nurni ko‘rardilaru ammo men bilan gaplashayotganning ovozini eshitmasdilar. Shunda men: ‘Yo Rabbim Iso, nima qilay?’ deb so‘radim. Rabbiy menga shunday dedi: ‘O‘rningdan tur, Damashqqa bor. Nima qilishing kerakligini Xudo belgilab qo‘ygan. Hamma narsa o‘sha yerda senga aytiladi.’ O‘sha nurning yarqirashidan ko‘zlarim ko‘rmay qolgan edi. Shuning uchun hamrohlarim qo‘llarimdan ushlab, meni Damashqqa olib ketdilar. O‘sha shaharda Hananiya degan bir taqvodor, qonunga itoat etadigan odam bor edi. U o‘sha shahardagi hamma yahudiylar orasida katta obro‘ga ega edi. Hananiya oldimga kelib, yonimda turdi–da: ‘Birodarim Shoul! Ko‘zlaring yana ochilsin!’ dedi. O‘sha zahoti ko‘zlarim ochilib, Hananiyani ko‘rdim. Shunda u dedi: ‘Ota–bobolarimizning Xudosi seni tanladi. Toki sen Uning xohishini bilgin, Solih Zotni ko‘rib, Uning ovozini eshitgin. Sen ko‘rib–eshitganlaring to‘g‘risida butun olamga Uning guvohi bo‘lasan. Endi nimani kutyapsan? O‘rningdan tur, suvga cho‘mgin. Rabbimizga iltijo qilib, gunohlaringni yuvgin.’ Men Quddusga qaytib kelganimdan keyin, Ma’badda ibodat qilayotganimda, menga bir vahiy keldi. Men Rabbim Isoni ko‘rdim, U shunday dedi: ‘Tez bo‘l, Quddusdan zudlik bilan ket! Bu yerdagi odamlar Men to‘g‘rimda bergan guvohligingni qabul qilmaydilar.’ Men esa: ‘ Yo Rabbiy! — dedim. — Men sinagogalarga borib, Senga ishongan odamlarni qamab, kaltaklaganimni ular yaxshi biladilar. Shohiding Stefan o‘ldirilganda, men o‘sha yerda edim, uning o‘ldirilishini ma’qullab, uni o‘ldirayotganlarning kiyimlariga poyloqchilik qilib turgan edim.’ Rabbim Iso menga: ‘Ketaver’, — dedi. — Seni uzoqdagi g‘ayriyahudiylarning oldiga yuboraman.’” Xalq Pavlusga quloq solib turdi. Ammo u shu gapini aytishi bilanoq, ular ovozi boricha, shovqin soldi: — Yo‘qotinglar uni! O‘ldiringlar! U yashashga loyiq emas! Ular baqir–chaqir qilib, kiyimlarini otib, havoni chang–to‘zon qilib yubordilar. Rim mingboshisi odamlariga: — Pavlusni qal’aga olib kiringlar! — deb buyruq berdi. So‘ngra u yana odamlariga: — Uni qamchilanglar! Nima uchun odamlar unga qarshi baqir–chaqir qilganini bilinglar! — dedi. Pavlusni qamchilash uchun bog‘layotganlarida, Pavlus o‘sha yerda turgan yuzboshiga dedi: — Rim fuqarosining biron aybi topilmagan bo‘lsa ham, uni qamchilash sizlarning qonuningizda bormi? Yuzboshi bu gapni eshitib, mingboshining oldiga bordi–da: — Nima qilmoqchisiz? Axir, bu odam Rim fuqarosi ekan–ku! — dedi. Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, undan: — Menga ayt–chi, sen Rim fuqarosimisan? — dedi. — Ha, — deb javob berdi Pavlus. Mingboshi: — Men katta miqdorda pul to‘lab, fuqarolikni olgan edim, — dedi. — Men esa Rim fuqarosi bo‘lib tug‘ilganman, — dedi Pavlus. Pavlusni so‘roq qilmoqchi bo‘lib turganlar o‘sha zahoti undan qo‘llarini tortdilar. Mingboshi Pavlusning Rim fuqarosi ekanini eshitib, uni kishanlagani uchun qo‘rqib ketdi. Yahudiylar Pavlusni nima uchun ayblayotganlarini mingboshi bilmoqchi bo‘ldi. Ertasi kuni u Pavlusni ozod qildi va “bosh ruhoniylar bilan Oliy kengash a’zolari yig‘ilsin”, deb buyurdi. Mingboshi Pavlusni ularning qoshiga olib keldi. Pavlus Oliy kengash a’zolariga diqqat bilan qarab shunday dedi: — Birodarlar! Shu kungacha men Xudo oldida toza vijdon bilan yashadim. Oliy ruhoniy Hananiya Pavlusning yonida turganlarga: “Uning og‘ziga uringlar!” deb buyurdi. Pavlus unga dedi: — Xudo albatta seni uradi, ey oqlangan devor! Sen qonunga ko‘ra meni hukm qilgani o‘tiribsan. Endi qonunni buzib, meni urishga amr beryapsanmi?! Pavlusga yaqin turgan odamlar: — Sen hali Xudoning oliy ruhoniysini haqorat qilyapsanmi?! — dedilar. — Birodarlar, men uning oliy ruhoniy ekanini bilmabman, — dedi Pavlus. — Muqaddas Bitiklarda: “O‘z xalqing yo‘lboshchisi to‘g‘risida yomon gapirmagin”, deb aytilgan. Pavlus bildiki, bu yerdagilarning ba’zilari sadduqiylar, boshqalari farziylar ekan. U Oliy kengashga qarab da’vat qildi: — Birodarlar! Men farziyman, farziyning o‘g‘liman. O‘liklar tiriladi, deb umid qilganim uchun, meni hukm qilyaptilar. Pavlus shu gaplarni aytgach, farziylar va sadduqiylar bahslasha boshladilar, guruh ikkiga bo‘lindi. Sadduqiylar, tirilish ham, farishta ham, ruh ham yo‘q, deb aytardilar, farziylar esa uchalasiga ham ishonardilar. Shunda shovqin–suron avjiga chiqdi. Farziy mazhabidan bo‘lgan ba’zi Tavrot tafsirchilari o‘rinlaridan turib, qattiq e’tiroz bildirdilar: — Biz bu odamda biron ayb topmadik. Ehtimol, ruh yoki farishta unga gapirgan bo‘lishi mumkin. Bahs shu darajada kuchayib ketdiki, mingboshi: “Pavlusni tilka–pora qilishmasaydi”, deb qo‘rqib ketdi. Shundan keyin u askarlarga: “Pastga tushinglar, Pavlusni zudlik bilan olib chiqib, qal’aga olib kiringlar!” deb buyurdi. O‘sha kuni tunda Pavlusning oldiga Rabbimiz Iso kelib, shunday dedi: “Dadil bo‘l! Sen Quddusda Men uchun guvohlik bergan eding, endi Rimda ham guvohlik berishing kerak.” Ertalab bir necha yahudiylar yig‘ilib, fitna qo‘zg‘adilar. Ular: “Pavlusni o‘ldirmagunimizcha yeb–ichmaymiz”, deya qasam ichdilar. Qasam ichganlar qirq kishidan ortiq edi. Shundan keyin ular bosh ruhoniylar bilan oqsoqollarning oldiga borib aytdilar: — Biz, Pavlusni o‘ldirmagunimizcha, yeb–ichmaymiz, deb qat’iy qasam ichdik. Endi sizlar va Oliy kengash a’zolari mingboshiga: “Pavlusni bizning huzurimizga olib kel, u to‘g‘rida ma’lumotlarni yaxshiroq tekshirib ko‘rmoqchimiz”, deb buyuringlar. Pavlus huzuringizga yetib kelmasidan oldin uni o‘ldiramiz. Pavlusning jiyani, ya’ni singlisining o‘g‘li bu fitna haqida eshitib qoldi. U qal’aga borib, Pavlusga bu to‘g‘rida aytib berdi. Pavlus yuzboshilardan bittasini chaqirdi–da, shunday dedi: “Manavi yigitni mingboshining oldiga olib bor. U mingboshiga bir narsa to‘g‘risida xabar bermoqchi.” Yuzboshi yigitni mingboshining oldiga olib borib, dedi: — Mahbus Pavlus meni chaqirib, manavi yigitni sizning oldingizga olib kelishimni iltimos qildi. Uning sizga aytadigan gapi bor ekan. Mingboshi yigitni qo‘lidan ushlab bir chetga olib o‘tdi–da, so‘radi: — Menga nima to‘g‘risida xabar bermoqchisan? U shunday javob berdi: — Yahudiylar sizdan: “Ertaga Pavlusni Oliy kengashga olib keling”, deb iltimos qilishga kelishib olishdi, go‘yo Oliy kengash Pavlus to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqroq qilib tekshirishar emish. Ammo ularga quloq solmang! Qirqtadan ko‘proq odam yashirinib, Pavlusni kutib yotibdi. Ular, Pavlusni o‘ldirmagunimizcha, yeb–ichmaymiz, deb qasamyod qilganlar. Ular hozir tayyor bo‘lib, sizning qaroringizni kutyaptilar. Mingboshi yigitga: — Menga bergan xabaringni birontasiga ayta ko‘rma! — dedi. So‘ng unga ruxsat berdi. Mingboshi yuzboshilardan ikkitasini yoniga chaqirib, dedi: — Oqshom soat to‘qqizda Qaysariyaga ketish uchun ikki yuzta piyoda askarni, yetmishta otliq askarni, ikki yuzta nayzabardorlarni tayyor qilib qo‘yinglar. Pavlusni ham otga mindirib olinglar. Uni hokim Feliks oldiga eson–omon olib boringlar. Mingboshi quyidagi mazmunda maktub yozdi: “Kladius Lisiydan hokim Feliks janobi oliylariga salomlar! Yahudiylar bu odamni ushlab, o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. U Rim fuqarosi ekanini bilganimdan keyin, men askarlarim bilan birga borib, uni qutqarib qoldim. Uning qanday aybi bor ekanligini bilmoqchi bo‘lib, uni yahudiylarning Oliy kengashiga olib keldim. Men shuni bildimki, u yahudiylarning qonuniga oid masalalarda ayb qilingan ekan. Ammo o‘limga yoki zindonga tashlanishga loyiq biron ish qilmagan. Bu odamga qarshi fitna uyushtirilayotganidan xabar topganimdan keyin, o‘sha zahoti uni sizning huzuringizga yuborishga qaror qildim. Uning ayblovchilariga ham, da’volaringizni hokim Feliksga borib aytinglar, dedim.” Shunday qilib, askarlar mingboshining ko‘rsatmasiga muvofiq, Pavlusni olib, tun bo‘yi yurib, Antipatrisga olib keldilar. Ertasi kuni otliq askarlar Pavlus bilan birga yo‘lda davom etdi, qolganlar esa qal’aga qaytib keldilar. Otliq askarlar Qaysariyaga yetib kelganlaridan keyin, hokimga maktubni berdilar, Pavlusni ham hokimga ro‘para qildilar. Hokim maktubni o‘qib bo‘lib, Pavlusdan: “Sen qaysi viloyatdansan?” deb so‘radi. Pavlusning Kilikiyadan ekanini bilgach, hokim: “Ayblovchilar kelganlaridan keyin, seni eshitaman”, dedi. Shundan keyin hokim: “U Hirodning qarorgohida ushlab turilsin”, deb buyruq berdi. Besh kun o‘tgach, oliy ruhoniy Hananiya bir necha oqsoqollar va Tertull degan bir huquqshunos bilan birga Qaysariyaga keldi. Ular Pavlusga qarshi arzlarini hokimga bayon qilmoqchi bo‘ldilar. Pavlusni chaqirib keltirganlaridan keyin, Tertull uni ayblay boshladi: — Janobi oliylari! Sizning dono rahbarligingiz ostida biz anchadan buyon tinch–xotirjam yashayapmiz, uzoqni ko‘ra bilishingiz sharofati bilan xalqimiz uchun islohotlar amalga oshirildi. Biz buni hamma joyda va har doim e’tirof etamiz, sizdan chuqur minnatdormiz. Men sizning vaqtingizni ko‘p olmoqchi emasman, marhamatingizni darig‘ tutmay, bizning qisqa axborotimizga quloq solishingizni iltimos qilaman. Biz aslida bu odamni vabo singari xavfli deb bilamiz. U dunyodagi hamma yahudiylar orasida isyon boshladi. U nasroniylar mazhabining rahnamosidir. [6-7] U hatto Ma’badni bulg‘ashga harakat qildi. Shuning uchun biz uni hibsga oldik. *** Bu odamni o‘zingiz so‘roq qilsangiz, biz uni nimada ayblayotganimizni uning o‘zidan bilib olasiz. Yahudiylar bu ayblovlarga qo‘shilib, bularning hammasi haqiqat, deb aytdilar. Hokim Pavlusga, gapir, deb ishora qilgandan keyin, u shunday javob berdi: — Bilaman, siz ancha yillardan beri bu xalq ustidan hukmron bo‘lib kelasiz. Shuning uchun o‘zimni sizning huzuringizda himoya qilayotganimdan xursandman. O‘zingiz bilib olishingiz mumkin: Xudoga sajda qilgani Quddusga borganimga o‘n ikki kundan oshgani yo‘q. Men Ma’badda biron odam bilan tortishib qolganimni yoki sinagogalarda, yo bo‘lmasa shaharda olomon orasiga g‘ulg‘ula solganimni ular ko‘rganlari yo‘q. Qolaversa, hozir menga qarshi aytayotgan ayblovlarini ular isbotlab bera olmaydilar. Ammo shuni tan olishim kerakki, ular Isoning yo‘lini soxta e’tiqod deb aytishadi. Men esa Isoning yo‘li orqali ota –bobolarimizning Xudosiga sajda qilaman. Tavrotga mos kelgan va payg‘ambarlar bitiklarida yozilgan har bir so‘zga men ishonaman. Men mana shu odamlar singari Xudoga umid bog‘laganman. Men ham ularday Xudo solihlarni va fosiqlarni tiriltirishiga ishonaman. Ayni shu sababdan Xudo va xalq oldida men doim vijdonimni sof saqlashga tirishaman. Mana, Quddusda bo‘lmaganimga bir necha yil bo‘ldi, endi xalqimga sadaqa berish va nazr qilish uchun Quddusga borgandim. Men shularni bajarayotganimda, ular meni Ma’badda ko‘rib qoldilar. Men poklanish marosimini ado etayotgan edim, yonimda olomon yo‘q edi, shovqin–suron ham ko‘tarmagan edim. Asiya viloyatidan bo‘lgan bir necha yahudiylar o‘sha yerda edilar. Agar ularning menga qarshi biron da’volari bo‘lsa, ular o‘zlari sizning huzuringizga kelib, o‘z ayblovlarini bildirishlari kerak. Yoki bu yerdagilar aytishsin, men Oliy kengash a’zolari oldida turganimda menda qanday jinoyat topdilar ekan? Men ularning oldida turganimda, baland ovozda: “Men o‘liklar tiriladi, deb aytganim uchun bugun oldingizda hukm qilinyapman”, deb aytgan edim. Bundan boshqa nima aybim bor? Isoning yo‘li to‘g‘risida batafsil xabardor bo‘lgan Feliks yig‘ilishni to‘xtatib: “Mingboshi Lisiy kelgandan keyin, sening ishing to‘g‘risida qaror qabul qilaman”, dedi. Feliks yuzboshiga: “Uni qamab qo‘y, ammo unga ozgina erkinlik ber, uning ehtiyojlari uchun xizmat qilmoqchi bo‘lgan do‘stlariga ijozat ber”, deb buyruq berdi. Bir necha kundan keyin Feliks xotini Drusilla bilan keldi. Drusilla yahudiy edi. Feliks Pavlusni chaqirtirib keldi va Iso Masihga ishonch to‘g‘risidagi gaplarini tingladi. Pavlus solihlik, nafsni tiyish, qiyomat kunining kelishi to‘g‘risida gapirar ekan, Feliks qo‘rqib, dedi: — Sen endi boraver. Imkon topilgan zahoti, seni chaqiraman. Feliks: “Pavlus menga pora beradi”, deb umid qilardi, shuning uchun Pavlusni tez–tez chaqirib, u bilan suhbatlashardi. Oradan ikki yil o‘tgach, Feliksning o‘rniga Porsiy Festus hokim bo‘ldi. Feliks yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib, Pavlusni qamoqda qoldirdi. Festus Yahudiya viloyatiga hokim bo‘lib kelgandan keyin uch kun o‘tgach, Qaysariyadan Quddusga bordi. U yerda bosh ruhoniylar va yahudiy yo‘lboshchilari Pavlusga qarshi dalillarni hokim Festusga bayon qildilar. Ular Festusdan: “Pavlusni Quddusga chaqirtirsangiz”, deb iltimos qildilar. Aslida ular yo‘lda Pavlusga suiqasd qilishni rejalashtirgan edilar. Festus ularga shunday javob berdi: — Pavlus Qaysariyada qamoqda, men hademay o‘sha yerga qaytib boraman. Yo‘lboshchilaringiz men bilan birga Qaysariyaga borsin. Agar Pavlus biron yomon ish qilgan bo‘lsa, mayli, uni ayblasinlar. Festus sakkiz–o‘n kuncha ular bilan birga bo‘lib, keyin Qaysariyaga qaytdi. Ertasi kuni u hukm kursisiga o‘tirib: “Pavlus olib kelinsin!” deb buyurdi. Pavlus kelgach, Quddusdan kelgan yahudiylar uni o‘rab oldilar va unga qarshi jiddiy ayblovlarni qo‘ya boshladilar. O‘zlari esa bu ayblarni isbotlay olmasdilar. Ammo Pavlus o‘zini himoya qilib, shunday dedi: — Men yahudiylar qonuniga yoki Ma’badga, yo Qaysarga qarshi biron noto‘g‘ri ish qilmadim. Festus esa yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib, Pavlusdan so‘radi: — Quddusga borib, o‘sha yerda mening oldimda sengga qo‘yilgan shu ayblar bo‘yicha hukm qilinishni istaysanmi? — Men Qaysarning mahkamasida turibman, men shu yerda hukm qilinishim kerak. Men yahudiylarga qarshi biron noto‘g‘ri ish qilmadim, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Agar men qonunga xilof biron ish qilib, o‘limga loyiq bo‘lsam, o‘limdan qutulish uchun harakat qilmayman. Agar bu odamlarning menga qarshi ayblovlari yolg‘on bo‘lsa, hech kim meni ularning qo‘liga topshirishga haqli emas. U holda men Qaysarning hukmini talab qilaman. Festus o‘z maslahatchilari bilan kengashib olgach, Pavlusga: — Sen Qaysarning hukmini talab qilding, endi Qaysarning oldiga borasan, — dedi. Bir necha kun o‘tgandan keyin, shoh Agrippa bilan Vernika Qaysariyaga Festus huzuriga tashrif buyurdilar. Ular bir necha kun shu yerda turdilar. Pavlusning ahvolini Festus shohga tushuntirdi: — Bu yerda bir odam bor, Feliks uni qamoqda qoldirgan edi. Quddusda bo‘lganimda bosh ruhoniylar bilan yahudiy oqsoqollari o‘sha odam to‘g‘risida menga axborot berdilar va “Uni o‘limga mahkum qiling”, deb mendan iltimos qildilar. Men ularga shunday deb aytdim: “Rimliklarning odati bo‘yicha hech kim so‘roq qilinmasdan jazolanish uchun ayblovchining qo‘liga topshirilmaydi. Ayblanuvchiga ayblovchilar bilan yuzma–yuz uchrashib, o‘zini himoya qilish imkoniyati beriladi.” Bosh ruhoniylar va oqsoqollar bu yerga kelganlarida, men vaqtni boy bermay, ertasi kuniyoq hukm kursisiga o‘tirdim–da, Pavlusni olib kelinglar, deb buyurdim. Lekin Pavlusning raqiblari uni men kutgan jinoyatlarda ayblamadilar. Buning o‘rniga ular o‘zlarining dini to‘g‘risida, o‘lib ketgan qandaydir Iso to‘g‘risida Pavlus bilan bahs qildilar. Pavlus, Iso tirikdir, deb tasdiqlayverdi. Bu masalalarni qanday hal qilsam ekan, deb boshim qotib qoldi. Men Pavlusdan: “Quddusga borib, o‘sha yerda o‘zingga qo‘yilgan ayblar bo‘yicha hukm qilinishni istaysanmi?” deb so‘radim. Ammo Pavlus, men imperator janobi oliylari qaror chiqarmaguncha qamoqda qolaman, dedi. Shuning uchun men: “Pavlusni Qaysarning huzuriga jo‘natgunimcha, u qamoqda saqlansin”, deb buyruq berdim. Agrippa Festusga: — O‘sha odamning gaplarini men o‘zim eshitishni xohlayman, — dedi. — Ertaga uning gaplarini eshitasiz, — deb javob berdi Festus. Ertasi kuni Agrippa bilan Vernika dabdaba bilan kelib, mingboshilar, shaharning yuqori martabali odamlari bilan birga yig‘in zaliga kirdilar. Festus: “Pavlus olib kelinsin!” deb buyruq berdi. — Shoh Agrippa janoblari! Bu yerda hozir bo‘lganlar! — dedi Festus. — Manavi odamni ko‘rib turibsizlar. Shu yerdagi va Quddusdagi hamma yahudiylar bu odamga qarshidir. Ular menga shikoyat qilib: “Bu odam yashashga loyiq emas!” deb shovqin solmoqdalar. Ammo mening nazarimda bu odam o‘limga loyiq biron ish qilmagan. U imperator janobi oliylarining hukmini talab qilgani uchun, uni Rimga yuborishga qaror qildim. Ammo u to‘g‘rida imperator janobi oliylariga yozishim uchun aniq bir narsa yo‘q. Shuning uchun men bu odamni sizlarning huzuringizga, xususan shohimiz Agrippa janobi oliylari, sizning huzuringizga olib keldim. Bu masalani ko‘rib chiqqanimizdan keyingina, men biron narsa yozishim mumkin. Mahbusga qarshi ayblovlarni aniq ko‘rsatmay turib, uni imperatorga yuborish men tomondan aqlsizlik bo‘lar edi. Agrippa Pavlusga: — O‘zingni himoya qilib gapirishing mumkin, — dedi. Shundan keyin Pavlus qo‘lini cho‘zib, o‘zini himoya qilib gapira boshladi: — Shoh Agrippa janobi oliylari! Bugun mana bu yahudiylar menga qo‘yayotgan ayblardan o‘zimni sizning huzuringizda himoya qilayotganim uchun baxtiyorman. Axir, yahudiylarning odatlari va bahslarini siz juda yaxshi bilasiz. Sizdan iltimos, marhamat qilib mening gapimni eshitsangiz. Yoshligimdan bosib o‘tgan hayot yo‘limni — dastlab o‘z xalqim orasida, keyin Quddusda kechirgan hayotimni hamma yahudiylar biladilar. Agar ular guvohlik berishni istasalar, dinimizning eng ashaddiy mazhabi farziylarga mansub bo‘lganimni ular azaldan biladilar. Endi esa, Xudoning ota –bobolarimizga bergan va’dasiga umid qilganim uchun hukm qilinyapman. Vaholanki, xalqimizning o‘n ikki qabilasi kechayu kunduz Xudoga chin dildan sajda qilib, shu va’da bajo bo‘lishiga umid qilyaptilar. Janobi oliylari, men ham aynan shunday umid qilganim uchun yahudiylar meni ayblayaptilar. Ey shu yerda turganlar! Nima uchun Xudo o‘liklarni tiriltirishiga ishonib bo‘lmaydi, deb o‘ylaysizlar? Men o‘zimcha, Nosiralik Isoning nomiga qarshi har narsani qilishim kerak, deb o‘ylagandim. Men buni Quddusda qildim ham. Bosh ruhoniylardan vakolat olib, azizlardan ko‘pchiligini qamoqqa tashladim. Ular o‘limga hukm qilinganlarida, men buni ma’qullab turardim. Men tez–tez bir sinagogadan ikkinchisiga borib, ularni jazolardim, imonlaridan qaytarishga harakat qilardim. Men ularga nisbatan shunchalik shafqatsiz edimki, hatto begona shaharlarda ham ularni quvg‘in qilgani borardim. Bir kuni shu maqsadda bosh ruhoniylardan vakolat olib, Damashqqa bir topshiriq bilan ketayotgan edim. Janobi oliylari! Men kuppa–kunduz yo‘lda ketayotganimda, birdan osmonda quyoshdan ham yorug‘ nurni ko‘rdim. Nur sheriklarim bilan mening yon–atrofimni yoritib yubordi. Hammamiz yerga yiqildik. Shunda oromiy tilida menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim: “Shoul! Shoul! Nimaga Meni quvg‘in qilyapsan? Ho‘kiz o‘z egasining tayog‘ini tepib, o‘ziga zarar keltirganday, sen ham Menga qarshi chiqib, o‘zingga zarar keltiryapsan.” “ Hazratim! Sen kimsan?” — deb so‘radim men. “Sen quvg‘in qilayotgan Isoman”, — deb javob berdi Rabbiy. “Endi o‘rningdan tur, Shoul. Seni O‘zimning xizmatkorim qilib tayinlash maqsadida senga zohir bo‘ldim. Sen Meni ko‘rganing va Men senga ko‘rsatadiganlarim to‘g‘risida guvohlik berasan. Men seni o‘z xalqing qo‘lidan qutqaraman. Seni g‘ayriyahudiylar orasiga yuboraman, Men seni ularning qo‘lidan ham qutqaraman. Sen ularning ko‘zlarini ochasan, ularni zulmatdan yorug‘likka, shaytonning hukmronligidan Xudoning hukmronligiga qaytarasan. Menga imon keltirish orqali ularning gunohlari kechirilib, ular Xudoning tanlangan xalqi orasidan joy oladilar.” Shunday qilib, shoh Agrippa janoblari, osmondan menga kelgan vahiyga itoatsizlik qilmadim. Avvalo, Damashqda va Quddusda, keyin butun Yahudiyada, shuningdek, g‘ayriyahudiylar orasida: “Gunohlaringiz uchun tavba qilinglar, Xudoga yuz buringlar, tavba qilganingizni ko‘rsatadigan ishlar qilinglar”, deb va’z qildim. Shu sababdan yahudiylar meni Ma’badda tutib olib, o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Ammo shu kungacha Xudo menga madad berdi. Men hammaga — kattayu kichikka shu yerda birday guvohlik beryapman. Ammo men ularga faqat payg‘ambarlarning va Musoning aytganlarini gapirgan edim. Masih azob chekishi va birinchi bo‘lib o‘likdan tirilishi, shu maqsadda nurni O‘zining xalqiga va g‘ayriyahudiylarga olib kelishi kerak edi. Pavlus shu tariqa o‘zini himoya qilar ekan, Festus unga baqirib dedi: — Sen telba bo‘lib qolibsan, Pavlus! Ko‘p bilganing seni aqldan ozdiryapti! Pavlus esa shunday dedi: — Men aqldan ozganim yo‘q, Festus janobi oliylari! Men jiddiy haqiqatni gapiryapman. Shoh bu narsalar to‘g‘risida bilgani uchun, men unga bemalol gapirmoqdaman. Bu narsalarning har biri uning e’tiboridan chetda qolmaganiga imonim komil. Chunki bular yashirin qilingan emas. Shoh Agrippa janoblari! Siz payg‘ambarlarning bashoratlariga ishonasizmi? Bilaman, ishonasiz. Agrippa Pavlusga: — Sen darrov meni masihiy bo‘lishga ko‘ndirmoqchisan–a, — dedi. Pavlus shunday javob berdi: — Darrov bo‘ladimi yoki uzoq vaqtdan keyin bo‘ladimi, nafaqat siz, balki mening gaplarimni eshitayotganlarning hammasi men singari bo‘lsin, deb Xudoga ibodat qilaman. Ammo mana bu kishanlarni sizlarga ravo ko‘rmayman. Shundan keyin shoh Agrippa, hokim Festus, Vernika va boshqalar o‘rinlaridan turdilar. Ular ketayotib, bir–birlariga: “Bu odam o‘limga yoki zindonga tashlanishga loyiq biron ish qilmagan”, deb aytdilar. Agrippa Festusga: — Agar bu odam Qaysarning hukmini talab qilmaganda edi, uni ozod qilish mumkin edi, — dedi. Bizni dengiz orqali Italiyaga jo‘natishga qaror qildilar. Shundan keyin ular Pavlusni va boshqa ba’zi mahbuslarni Imperiya qo‘shinidagi Yuliy degan yuzboshiga topshirdilar. Hammamiz Adramit shahridan kelgan kemaga o‘tirdik. Kema Asiya viloyatining bandargohlariga endi jo‘namoqchi bo‘lib turgan ekan. Biz yo‘lga tushdik. Salonikadan kelgan Makedoniyalik Aristarx degan odam bizga hamroh bo‘ldi. Ertasi kuni biz Sidon shahriga yetib keldik. Yuliy Pavlusga yaxshi munosabatda bo‘ldi, shuning uchun do‘stlari oldiga borishga va kerakli narsalarni olishga ijozat berdi. Biz u yerdan jo‘nab ketdik. Shamol bizga qarshi tomondan esayotgani uchun, Kipr orolini panalab suzib o‘tdik. So‘ng Kilikiya va Pamfiliya viloyatlarining janub tomonidan suzib, Likiya viloyatidagi Mira shahriga keldik. Yuzboshi u yerda Aleksandriyadan Italiyaga suzib ketadigan kemani topdi va bizni unga o‘tqazdi. Biz bir necha kun sekin suzib, nihoyat qiyinchiliklar bilan Knidus shahriga yetib keldik. Shamol bizga qarshi esayotgani uchun Salmon yarim orolining yonidan o‘tib, Krit orolini panalab suza boshladik. Orolning qirg‘og‘i bo‘ylab mashaqqatlar bilan Go‘zal Bandargohlar degan joyga yetib keldik. Bu joy Laseya shahri yaqinida joylashgan. Biz ancha vaqt o‘sha yerda qoldik. Hatto Poklanish kuni ham o‘tdi, suzish xavfli bo‘lib qoldi. Pavlus kemachilarga maslahat berdi: — Janoblar! Ko‘rib turibman, bu yerdan suzib ketadigan bo‘lsak, nafaqat yukimiz va kemamiz, balki jonimiz ham xavf ostida qoladi, og‘ir halokatga uchraymiz. Lekin yuzboshi Pavlusning maslahatiga quloq solmay, kema darg‘asi va kema egasining gapiga kirdi. Qishni o‘tkazish uchun bandargoh yaxshi sharoitga ega emas edi. Shuning uchun deyarli hamma u yerdan dengizga chiqishga, qanday qilib bo‘lsa ham Finikka yetib olib, qishni o‘sha yerda o‘tkazishga rozi edi. Finik Krit orolidagi bandargoh bo‘lib, janubi–g‘arb va shimoli–g‘arb tomonlardan esadigan shamollardan panada edi. Janubdan mayin shabada esa boshlaganda, ular: “Niyatimiz amalga oshadigan bo‘ldi”, deb o‘yladilar. Shuning uchun ular langarni ko‘tarib, Krit oroli bo‘ylab, qirg‘oqqa yaqin suza boshladilar. Ammo ko‘p o‘tmay orol tomondan nihoyatda kuchli bo‘ron ko‘tarildi. Bu “Shimoli–sharq” bo‘roni deb aytilardi. Bo‘ron kemaga shunday urildiki, natijada kema shamolga qarshi suzolmay qoldi. Shundan keyin o‘zimizni to‘lqinlarga topshirib, shamol yo‘nalishi bo‘ylab suzib ketdik. Biz Kavda degan orolchani panalab o‘tdik. Kemaning qayiqchasini zo‘rg‘a ushlab qoldik. Dengizchilar qayiqni yuqoriga ko‘tarib oldilar. Keyin esa kema parchalanib ketmasin, deb uni ostidan arqonlar bilan mahkam bog‘ladilar. Ular: “Surtis atroflarida qumga o‘tirib qolmasak edi”, deb qo‘rqib, tezlikni kamaytiradigan langarni tushirdilar va kemani shamol yo‘nalishiga qo‘yib berdilar. Quturgan bo‘ron davom etardi. Ertasi kuni ular kemadan yuklarni uloqtira boshladilar. Uchinchi kuni esa o‘z qo‘llari bilan kemaning asbob–uskunalarini dengizga otdilar. Bir necha kun biz na quyoshni, na yulduzlarni ko‘rdik. Bo‘ron quturgani sari, qutulishimizga bo‘lgan umid so‘nib borardi. Hech kim uzoq vaqt biron narsa tanovul qilmadi. Shunda Pavlus ularning o‘rtasiga chiqib, shunday dedi: — Janoblar! Agar mening gaplarimga quloq solib, Kiprdan ketmaganlaringizda edi, biz mana shu zararga va og‘ir halokatlarga duchor bo‘lmasdik. Endi sizlarga maslahatim shu: dadil bo‘linglar! Oramizdan hech kim nobud bo‘lmaydi, faqat kemadan mahrum bo‘lamiz, xolos. Men mansub bo‘lgan va men sajda qiladigan Xudoyim o‘tgan kuni mening oldimga O‘z farishtasini yubordi. Farishta menga shunday dedi: “Qo‘rqma, Pavlus, sen Qaysar huzurida bo‘lishing kerak. Sen bilan birga kemada suzib ketayotganlarga Xudo hayot bag‘ishladi.” Shuning uchun, birodarlar, dadil bo‘linglar, chunki Xudoga ishonaman: hammasi menga aytilganiday bo‘ladi. Biz biron orolga albatta tushamiz.” O‘n to‘rtinchi kuni kechasi biz O‘rta yer dengizida shamol yo‘nalishi bo‘ylab suzayotgan edik. Taxminan tun yarmida dengizchilar quruqlikka yaqinlashib qolganimizni payqab qoldilar. Ular chuqurlikni o‘lchagan edilar, yigirma quloch chiqdi. Bir oz nariroqni o‘lchagan edilar, o‘n besh quloch chiqdi. Ular: “Kema qoyalarga borib uriladi”, deb qo‘rqib ketganlari uchun, kemaning ortidan to‘rtta langarni tushirdilar va tezroq tong otsin, deb Xudoga astoydil iltijo qildilar. Shu orada dengizchilarning ba’zilari kemadan qochib chiqishga urindilar. Ular qayiqni suvga tushirib, o‘zlarini xuddi kemaning old tomonidan langar tushirmoqchi bo‘lganday ko‘rsatdilar. Pavlus yuzboshi bilan askarlarga shunday dedi: — Bu odamlar kemada qolmas ekanlar, bilib qo‘yinglar, sizlar ham o‘zlaringizni qutqara olmaysizlar. Askarlar qayiq bog‘langan arqonni kesdilar va qayiqni suvga tushirib yubordilar. Tong otishi bilan, Pavlus ulardan tamaddi qilib olishlarini iltimos qildi: — Bugun o‘n to‘rt kundirki, sizlar xavotirlikda bo‘lib, hech narsa yemadingizlar. Yolvoraman: biroz tamaddi qilib olinglar, bu tirik qolishingiz uchun kerak. Boshingizdan biron tola soch ham tushmaydi. Pavlus shu so‘zlarni aytib bo‘lgach, nonni oldi va hammaning ko‘z o‘ngida Xudoga shukrona aytdi. So‘ngra nonni sindirib, yeya boshladi. Boshqalar ham dadillanib, ovqatlana boshladilar. Kemada jami 276 kishi bor edi. Ular to‘yib olgach, bug‘doyning hammasini dengizga tashlab, kemani yengillashtirdilar. Tong otganda, dengizchilar qirg‘oqni taniy olmadilar. Ammo qirg‘oqdagi qumli qo‘ltiqni payqadilar. Agar imkoni bo‘lsa, kemani o‘sha yerda qirg‘oqqa to‘xtatamiz, deb qaror qildilar. So‘ng langarlarni kesib, dengizga tushirib yubordilar. Ayni paytda eshkaklarni mahkam bog‘lab turgan arqonlarni yechdilar. Shundan keyin oldingi yelkanni shamolga qaratib, qirg‘oqqa suzib ketdilar. Lekin kema sayoz joyga urilib, qumga o‘tirib qoldi. Oqibatda kemaning old qismi qumga tiqilib, qimirlamay qoldi. Kemaning orqa qismi esa to‘lqinlar shiddatidan parcha–parcha bo‘lib ketdi. Shunda askarlar: “Mahbuslar suzib, qutulib ketmasin”, deya ularni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Ammo yuzboshi Pavlusni qutqarmoqchi bo‘lib, askarlarni bu niyatlaridan qaytardi. Ularga shunday buyruq berdi: “Suzishni biladiganlar birinchi bo‘lib kemadan sakrasin va qirg‘oqqa suzib borsin, qolganlar esa taxtalarni yoki kemaning biron siniq bo‘lagini olib, ularning ortidan ergashsinlar.” Shu yo‘sin hammalari eson–omon qirg‘oqqa yetib oldilar. Biz qirg‘oqqa eson–omon yetib borganimizdan keyin, bildikki, bu orolning nomi Malta ekan. Yerli aholi bizga g‘oyat do‘stona munosabatda bo‘ldi. Yomg‘ir yog‘ayotgani va sovuq bo‘lgani uchun ular olov yoqib, hammamizni olov atrofiga taklif qildilar. Pavlus shox–shabba yig‘ib kelib, olov ustiga tashlayotganda, bir zaharli ilon issiqdan qochib, uning qo‘liga osilib qoldi. Yerli aholi Pavlusning qo‘liga osilib qolgan ilonni ko‘rib bir–birlariga: “Bu odam qotil bo‘lsa kerak, u dengizdan qutulsa ham, Qasos xudosi unga yashashga imkon bermadi”, dedilar. Ammo Pavlus ilonni olov ichiga silkitib otdi, o‘zi esa hech qanday zarar ko‘rmadi. Aholi, hozir bu odam shishib ketadi yoki birdan yiqilib o‘ladi, deb kutardi. Ular uzoq kutdilar, lekin g‘ayritabiiy ravishda unga hech narsa bo‘lmaganini ko‘rdilar. Endi odamlar fikrlarini o‘zgartirib: “U xudo ekan”, deb ayta boshladilar. O‘sha joyning yaqinida bir dala bor edi, bu dala orol oqsoqoli Publiyga tegishli ekan. Oqsoqol bizni uyiga olib ketib, uch kun mehmon qildi. Uning otasi ichburug‘dan isitmalab, to‘shakda yotardi. Pavlus uning xonasiga borib, ibodat qildi, unga qo‘lini qo‘yib, shifo berdi. Shu voqea yuz bergandan keyin, oroldagi hamma xasta odamlar Pavlusning oldiga kelib, shifo topdilar. Ular bizga ko‘p izzat–hurmat ko‘rsatdilar. Jo‘nab ketayotganimizda esa safarimiz uchun zarur oziq–ovqatlarni kemaga joylashtirdilar. Uch oydan keyin Iskandariyadan kelgan kema bilan dengizga chiqdik. Kema “Egizak Xudolar” deb atalardi. U orolda qishlab qolgan edi. Biz Surakuz shahriga borib, u yerda uch kun turdik. U yerdan suzib ketib, Rigiyaga keldik. Ertasi kuni janubdan shamol esa boshladi. Ikkinchi kun Puteol shahriga yetib keldik. U yerda bir necha imonlilar bilan uchrashdik. Ular: “Biz bilan qolinglar”, deb iltimos qildilar. Bir haftadan keyin biz Rimga ketdik. Rimdagi imonlilar biz to‘g‘rimizda eshitib, bizni kutib olgani Appiya forumi va Uch Mehmonxonagacha kelishdi. Pavlus ularni ko‘rib, Xudoga shukr aytdi va yanada dadillashdi. Biz Rimga kelganimizdan keyin, Pavlusga bir askar kuzatuvida yolg‘iz yashashga ruxsat berildi. Pavlus uch kundan keyin mahalliy yahudiylarning yo‘lboshchilarini chaqirdi. Ular yig‘ilishgach, Pavlus dedi: — Birodarlar! Men xalqimizga yoki ota –bobolarimiz odatlariga qarshi biron narsa qilmagan bo‘lsam ham, meni Quddusda qamab, Rimliklarning qo‘liga topshirishdi. Ular meni tekshirib ko‘rganlaridan keyin, meni ozod qilmoqchi bo‘ldilar, chunki o‘limga loyiq biron ish qilmagan edim. Ammo yahudiylar qarshilik qilganlaridan keyin, men Qaysarning hukmini talab qilishga majbur bo‘ldim. Men bu bilan o‘z xalqimni ayblamoqchi emasman. Shu sababdan men sizlar bilan ko‘rishib, suhbatlashishni istadim. Aslini olganda, men Isroilning umidi uchun zanjirband qilinganman. Ular Pavlusga dedilar: — Siz to‘g‘ringizda Yahudiyadan bironta xat olmadik, bu yerga tashrif buyurgan birodarlarimizdan birontasi ham siz to‘g‘ringizda biron xabar yoki hech qanday yomon gap aytmadi. Ammo fikringizni o‘zingizdan eshitishni istardik, chunki bu mazhabga nisbatan har yerda qarshi gapirib yurganlarini biz bilamiz. Ular Pavlus bilan bir kunni kelishib oldilar. O‘sha kuni ular Pavlus turgan joyga bir talay odamni boshlab keldilar. Pavlus ertalabdan kechgacha ularga Xudoning Shohligi to‘g‘risida tushuntirdi. Shuningdek Tavrotdan va payg‘ambarlar bitiklaridan Iso to‘g‘risida ishonchli dalillar keltirdi. Ulardan ba’zilari Pavlusning aytganlariga ishondi, boshqalari esa ishonishni istamadilar. Shunday qilib, ular o‘zaro bahslashdilar. Ular ketmoqchi bo‘lib turganlarida Pavlus shunday dedi: — Ishayo payg‘ambar orqali Muqaddas Ruh ota–bobolaringizga ushbu gapni to‘g‘ri aytgan ekan: “Bor, mana shu xalqqa aytgin: ‘Tinglaysizu lekin hech tushunmaysiz, Qarab turasizu, ammo hech anglab yetmaysiz.’ O‘sha xalqning aqli o‘tmas bo‘ldi, Quloqlari garang bo‘ldi, Ko‘zlarini yumib oldi. Aks holda ko‘zlari ko‘rgan bo‘lardi, Aks holda quloqlari eshitgan bo‘lardi. Aqllari anglagan bo‘lardi, Yana Menga qaytgan bo‘lishardi, Men ularga shifo bergan bo‘lardim.” [28-29] Sizlarga shu ma’lum bo‘lsinki, Xudoning najoti g‘ayriyahudiylarga yuborilgan. Ular quloq soladilar. *** Pavlus ijaraga olgan uyida ikki yil yashadi va uni ko‘rgani kelgan hammani qabul qildi. U jasorat bilan Xudoning Shohligi haqida va’z aytib, Rabbimiz Iso Masih to‘g‘risida ta’lim berdi. Hech kim unga buni taqiqlashga urinmadi. Men, Iso Masihning quli bo‘lgan Pavlusdan, Rimdagi birodarlarimga salom! Men havoriylikka da’vat etilganman, Xudoning Xushxabarini yoyish uchun tanlanganman. Muqaddas Bitiklarda yozilganday, Xudo bu Xushxabarni beraman, deb, O‘z payg‘ambarlari orqali va’da bergan edi. Bu Xushxabar insoniy jihatdan Dovudning zurriyoti bo‘lgan Xudoning O‘g‘li haqidadir. Xudoning O‘zi Rabbimiz Iso Masihni o‘likdan tiriltirdi. Shu orqali Muqaddas Ruhning kuchiga to‘la bo‘lgan Iso Masih Xudoning O‘g‘li ekanligi isbotlandi. Mana shu Iso Masih orqali Xudo menga inoyat ko‘rsatib, havoriy bo‘lish vazifasini berdi. Toki barcha xalqlar Xudoga ishonib, itoat etsinlar, shunda Iso Masihning nomi ulug‘lanadi. Sizlar ham o‘sha xalqlar qatori Iso Masihga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansizlar. Men ushbu maktubimni sizlarga — Rimdagi birodarlarimga yozyapman. Xudo sizlarning hammangizni yaxshi ko‘rib, O‘zining aziz xalqi bo‘lishga chorlagan. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin. Avvalambor Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukr qilaman, chunki butun dunyo sizlarning imoningiz haqida gapiryapti. Xudoning O‘g‘li haqidagi Xushxabarni yoyar ekanman, chin qalbimdan Xudoga xizmat qilaman. Xudo shohid, men doim sizlar uchun ibodat qilaman. Ibodatlarimda, doim Xudodan: “Agar irodang bo‘lsa, imkon ber, men borib, Rimdagi birodarlarimni ko‘rib kelay”, deb so‘rayman. Sizlarni rosa ko‘rgim kelyapti, chunki sizlar bilan ruhiy in’omlarni baham ko‘rsam, deyman, shunda sizlar imonda yanada mustahkamroq bo‘lardingiz. To‘g‘rirog‘i, ko‘rishganimizda, bir–birimizning imonimizdan dalda olsak, deyman. Birodarlar, bilib qo‘yinglar, men ko‘p marta sizlarning oldingizga borishni rejalashtirgandim, ammo nimagadir hech yo‘l ochilmadi. Boshqa xalqlar orasida Xushxabarni aytib, yaxshi natijalarga erishdim. Rimda ham shunday natijalarga erishishni istayman. Mening burchim madaniyatliyu madaniyatsizlarga, ziyoliyu o‘qimishsizlarga ham Xushxabarni aytishdan iborat. Shuning uchun men sizlarga, ya’ni Rimdagilarga ham Xushxabarni aytishga intizorman. Men Xushxabardan or qilmayman, chunki Xudoning kuch–qudrati bo‘lgan bu Xushxabar orqali unga ishonganlarning hammasi qutqariladi. Ishonadiganlar yahudiymi, g‘ayriyahudiymi, farqi yo‘q! Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi, chunki Muqaddas Bitiklarda: “ Solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi”, — deb yozilgan. Barcha fosiqligu adolatsizlik ustiga samodan Xudoning qahri yog‘iladi, chunki insonlar o‘z adolatsizliklari bilan haqiqatga to‘sqinlik qilyaptilar. Xudo haqida nimaiki bilish mumkin bo‘lsa, ularga ravshandir, Xudoning O‘zi ularga zohir etgan. Borliq yaratilgandan beri Xudoning ko‘rinmas xususiyatlari, ya’ni abadiy qudrati va ilohiyoti ochiq ko‘rinib turibdi. Xudoning ijodiga qarab, Uning xususiyatlarini tushunib olsa bo‘ladi. Shunday ekan, ular: “Xudoni bilmaymiz”, deb bahona qilolmaydilar. Ular Xudoni bilsalar–da, Uni ulug‘lamadilar, Unga shukr qilmadilar. Aksincha, bema’ni o‘y–xayollarga berilib ketdilar, ularning nodon onglari zulmatga cho‘kdi. Ular o‘zlarini aqlli, deb hisoblaydilar, aslida esa nodondirlar. Ular mangu, ulug‘vor Xudoga emas, balki o‘tkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi jonivorlar suratidagi butlarga sajda qildilar. Shuning uchun Xudo ularni o‘z yuraklaridagi chirkin ehtiroslari og‘ushida qoldirdi. Shu sababdan ular bir–birlarining badanlari bilan behayo ishlar qiladilar. Ular Xudoning haqiqatini yolg‘on bilan almashtirib, Yaratuvchiga emas, balki yaratilganga sajda qilib, xizmat qiladilar. Faqatgina yaratuvchi Xudoga to abad hamdlar bo‘lsin! Omin. Haqiqatni rad qilganlari uchun Xudo ularni o‘zlarining behayo ehtiroslariga topshirdi. Hatto ayollar ham tabiiy jinsiy munosabatni notabiiy munosabatga almashtirib, bir–birlari bilan jinsiy aloqa qildilar. Xuddi shuningdek, erkaklar ham ayollar bilan bo‘ladigan tabiiy jinsiy munosabatdan voz kechib, bir–birlariga nisbatan shahvoniy hirs bilan yondilar. Erkaklar bir–birlari bilan behayo ishlar qilib, qilmishlariga yarasha jazo tortyaptilar. Bu odamlar Xudoni tanib–bilishni rad qilganlari uchun, Xudo ularni buzuq xayollarga topshirib qo‘ydi, shu bilan ular qilish mumkin bo‘lmagan ishlarni qiladilar. Ular har turli adolatsizlik, yomonlik, ochko‘zlik va yovuzlikka to‘lib, hasadgo‘ylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfe’llikka mukkasidan ketgandirlar. Ular g‘iybatchi bo‘lib, odamlarning orqasidan gapiradilar. Xudodan nafratlanadilar. Ular surbet, takabbur, maqtanchoqdirlar. Ular yovuz ishlar qilishning har xil yo‘llarini topadilar, ota –onalariga itoat qilmaydilar. Ular nodondirlar, ularga ishonib bo‘lmaydi, ularda mehr–shafqat yo‘q. Xudoning qonunida, shunday ishlarni qiladigan odamlar o‘limga loyiq, deb aytilganini biladilar. Shunday bo‘lsa–da, ular nafaqat bu ishlarni o‘zlari qiladilar, balki o‘shanday ishlarni qiluvchilarni qo‘llab–quvvatlaydilar. Ey, boshqalarni hukm qilayotgan inson! Sen kim bo‘lishingdan qat’iy nazar, bunday qilishga senda hech bir asos yo‘q. Sen boshqa odamni hukm qilib, o‘zingni ham mahkum etasan. Axir, o‘zing ham shu ishlarni qilyapsan–ku! Bunday ishlar qilib yurganlarni Xudo mahkum qilishga haqli ekanini bilamiz. Ayni ishlarni o‘zing qila turib, shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb o‘ylaysanmi?! Xudoning cheksiz mehribonligi va sabr–toqatini pisand qilmayotganingni qara. Axir, Uning muruvvati seni tavbaga yetaklashini bilmaysanmi?! Ammo sen o‘jarlik qilib, gunohlaringdan tavba qilmayapsan. Xudoning adolatli hukmi ayon bo‘ladigan qahr–g‘azab kunida boshingga tushadigan jazoni yanada ko‘paytiryapsan. Xudo har kimni qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi. Yaxshi ishda qunt qilib, Xudodan sharaf, hurmat–ehtirom va mangulik olishga intilganlarga U abadiy hayot ato qiladi. Ammo xudbinlik qiladigan, haqiqatni rad etib, adolatsizlikka ergashadiganlar qahr–g‘azabga duchor bo‘ladi. Yovuzlik qiladigan har bir insonning boshiga falokatu iztirob tushadi, bu inson yahudiymi, g‘ayriyahudiymi — farqi yo‘q. Yaxshilik qiladiganlarga esa — yahudiylarga ham, g‘ayriyahudiylarga ham, sharaf, hurmat–ehtirom va tinchlik nasib etadi. Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi. Xudoning qonunini bilmasdan turib gunoh qilganlar qonunga aloqasiz ravishda hukm qilinadilar. Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonun bo‘yicha hukm qilinadilar. Axir, qonunni eshitganlar emas, balki qonunga rioya qiladiganlar Xudoning oldida oqlanadilar. G‘ayriyahudiylarda Xudoning qonuni yo‘q. Ammo qonunni bilmay turib, ular tabiiy ravishda qonun buyurganlarni bajarsalar, o‘zlariga o‘zlari qonundirlar. Bu bilan ular qonunning talablari o‘z yuraklarida yozilganini ko‘rsatadilar. Ularning vijdoni ham bunga shahodat beradi, chunki ularning xayollari goh ularni qoralaydi, goh oqlaydi. Xudo insonlarning yashirin o‘y–xayollarini Iso Masih orqali hukm qiladigan kunda bularning hammasi ayon bo‘ladi. Men keltirgan Xushxabarda bular bayon etilgan. Mana, orangizdagilarning ba’zilari: “Men Yahudiyman”, deydilar, qonunga suyanib, “Xudoga yaqinman”, deb maqtanadilar. Ey, Yahudiy! Sen Xudoning xohish-irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni qonundan o‘rganib olibsan. [19-20] Xudoning qonunida barcha ilm–ma’rifat va haqiqat mujassam. Senda mana shu qonun borligi uchun, sen ko‘rlarga yo‘l ko‘rsatuvchi, zulmatda qolganlarga nur, g‘ofillarga murabbiy, g‘o‘r bolalarga esa muallim ekanligingga ishonching komil. *** Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga ta’lim bera turib, o‘zingga ta’lim bermaysan?! “O‘g‘irlik qilma”, deb nasihat qilib turib, o‘g‘irlik qilasanmi?! “Zino qilma”, deb turib, o‘zing zino qilasanmi?! “Butlardan jirkanaman”, deb turib, kufrlik qilasanmi? Qonunni bilaman, deb maqtanasan–u, lekin qonunni buzib, Xudonining nomiga dog‘ tushirasanmi?! Axir, Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan–ku: “Sizlarni deb, g‘ayriyahudiylar orasida Xudoning nomi haqorat qilinmoqda.” Sunnat masalasiga kelaylik. Agar sen qonunga rioya qiladigan bo‘lsang, sunnatning foydasi bor. Ammo qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlikday bo‘lib qolgan. Xuddi shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnatday qabul qilinmaydimi?! Shunday ekan, sunnatsiz bo‘la turib, qonunga amal qiladigan odam seni mahkum qilmaydimi?! Axir, senda Muqaddas Bitiklar bor, sen sunnat qilingansan–u, lekin baribir Xudoning qonunini buzasan. Yahudiy urf–odatlari bilan yashaydiganlarning hammasi ham asl yahudiy emas. Jismoniy sunnatning o‘zi ham sunnatning asl maqsadini bajarmaydi. Asl yahudiylik yurakdan kelib chiqadi. Asl sunnat, ya’ni yurakning sunnati qonunga amal qilishdan kelib chiqmaydi, balki Ruh tomonidan qilinadi. Asl yahudiy insonlarning emas, balki Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ladi. Xo‘sh, yahudiylarning qanday ustunligi bor? Yoki sunnatning nima foydasi bor? Yahudiylar har jihatdan katta ustunlikka egadirlar. Bu ustunlik eng avval shundan iboratki, Xudoning kalomi ularga ishonib topshirilgan. Ularning ba’zilari ishonmagan bo‘lsa, nima bo‘pti? Ularning ishonmaganligi Xudoning sadoqatini bekor qiladimi? Yo‘q, aslo! Axir, har bir inson yolg‘onchi bo‘lsa ham, Xudo haqdir. Muqaddas Bitiklarda Xudo haqida shunday yozilgan–ku: “Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan, Qoralaganingda doimo to‘g‘ri bo‘lib chiqasan.” Insoniy fikr yuritib aytayin: Agar bizning qabihligimiz Xudoning odilligini yanada ochiqroq ko‘rsatsa, nima ham derdik?! Boshimizga qahr–g‘azab yog‘dirgani uchun Xudo adolatsizmi?! Yo‘q, aslo! Xudo odildir. Xudo adolatsiz bo‘lganda edi, qanday qilib dunyoni hukm qila olardi?! Mening yolg‘onchiligim Xudoning haqligiga urg‘u berib, Unga yanada ko‘proq shon–shuhrat keltirar ekan, nima uchun men gunohkor sifatida mahkum qilinyapman? Shunday ekan, “Yaxshilik kelib chiqsin, deb yomonlik qilaveraylik”, — deyishimiz kerakmi?! Ba’zilar bizga tuhmat qilib, o‘shanday ta’lim beryapti, deb aytmoqdalar. Bunday tuhmat qilganlar jazoga loyiqdir. Xo‘sh, biz, yahudiylar boshqalardan ustunmizmi? Yo‘q, aslo! Yuqorida isbotlab o‘tganimday, xoh yahudiy bo‘lsin, xoh g‘ayriyahudiy bo‘lsin, har bir inson gunohning hokimiyati ostidadir. Axir, Muqaddas Bitiklarda quyidagiday yozilgan–ku: “ Solih hech bir kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q! Bironta ham idrokli zot yo‘q, Hech kim Xudoga yuz burmaydi. Hammasi yo‘ldan ozgan, birday buzilgan, Yaxshilik qiluvchi bir kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q! Og‘izlari ochilgan qabr kabidir, Ular yolg‘on gapiradi. Tillaridan ilon zahri tomadi. Ularning og‘zidan la’nat, achchiq so‘zlar chiqadi. Ularning oyoqlari qon to‘kishga shoshiladi, Qadamidan halokatu vayrona keladi. Ular tinchlik yo‘llarini bilmaydi, Ular Xudodan qo‘rqmaydi.” Biz bilamizki, qonun neki buyurgan bo‘lsa, qonunga qaram bo‘lganlarga buyurgan, toki har bir og‘iz yumilsin va butun dunyo Xudo oldida javobgar bo‘lsin. Zotan qonunga amal qilsa–da, hech kim Xudoning oldida oqlana olmaydi, chunki qonun insonga o‘z gunohkorligini yanada aniqroq ko‘rsatadi. Mana endi qonunga aloqasiz ravishda oqlanish yo‘lini Xudoning O‘zi aniq ko‘rsatdi. Bu haqda Tavrot va payg‘ambarlar guvohlik beradi. Biz Iso Masihga bo‘lgan imonimiz orqali Xudoning oldida oqlanamiz. Odamlar orasida hech bir farq yo‘q. Axir, hamma gunoh qilgan va Xudoning ulug‘vorligidan mahrumdir. Lekin gunohkorlar Iso Masih orqali gunohlaridan ozod bo‘ladilar. Ular oqlanishga loyiq bo‘lmasalarda, Xudoning inoyati bilan oqlanadilar. [25-26] Xudo Iso Masihni bu dunyoga yubordi. Masihga ishonganlarning hammasi Uning to‘kilgan qoni orqali Xudo bilan yarashdilar. Shunday qilib, Xudo O‘zining adolatini namoyon qiladi. U oldin sabr–toqat qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan edi, endi esa Iso Masihga ishonganlarni oqlab, O‘zining haq ekanligini ko‘rsatmoqda. *** Endi maqtanishga arzigulik narsamiz qoldimi? Yo‘q, maqtovga o‘rin yo‘q. Qanday qilib? Amrlarni bajo keltirishni talab qiluvchi qonunga ko‘rami? Yo‘q, insonlar imon orqali oqlanganda maqtanishga hech o‘rin qolmaydi. Biz qanoat hosil qildikki, inson qonun talablarini bajo qilish orqali emas, balki imon orqali oqlanadi. Nahotki Xudo faqat yahudiylarning Xudosi bo‘lsa?! U boshqa xalqlarning ham Xudosi emasmi? Albatta, U boshqa xalqlarning ham Xudosi. Axir, Xudo yagona–ku! Sunnatlilarni ham, sunnatsizlarni ham Xudo imon orqali oqlaydi. Demak, biz bu imon bilan qonunni bekor qilyapmizmi? Yo‘q, aslo! Aksincha, qonunni tasdiqlayapmiz. Xo‘sh, biz bobokalonimiz Ibrohim haqida nima deymiz? Ibrohim qanday qilib inoyat topdi? Agar Ibrohim savob ishlari tufayli oqlanganda edi, uning maqtanishga haqqi bo‘lardi, ammo Xudoning oldida hech kim maqtana olmaydi. Axir, Muqaddas Bitiklarda nima deb yozilgan? “Ibrohim Xudoga ishondi, Xudo uni ishonchi uchun, solih, deb bildi.” Mehnatkashga to‘lanadigan maosh iltifot emas, xizmat haqidir. Biroq qonunni bajarishga suyanmay, balki betavfiqni oqlovchi Xudoga ishongan kishi o‘z ishonchi tufayli oqlanadi. Mana, qonunni bajarganidan qat’iy nazar, Xudo tomonidan oqlangan odamni Dovud ham baxtli, deb aytadi: “Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir, Egamiz kimning gunohidan o‘tgan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir. Egamiz kimning aybini yozmagan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir.” Bu baxtiyorlik faqat sunnat qilinganlarga mansubmi yoki sunnatsizlarga ham tegishlimi? Aytib o‘tganimizday, Ibrohim ishonchi tufayli oqlandi. Xo‘sh, u qachon oqlandi? Sunnat bo‘lishidan oldinmi yoki keyinmi? Sunnat bo‘lishidan oldin! U sunnatni ishonch orqali ega bo‘lgan solihligining muhri sifatida qabul qildi. U sunnat qilinmasdan oldin oqlangandi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holda imon keltirib oqlangan har bir insonning otasi bo‘ldi. Ayni zamonda, Ibrohim sunnatlilarning ham otasi hisoblanadi, shu shart bilanki, ularning imoni ham otamiz Ibrohim sunnat qilinmasdan oldin ega bo‘lgan imoniday bo‘lishi kerak. Xudo Ibrohimga va uning nasliga yer yuzini mulk qilib olish to‘g‘risida va’da bergan edi. Ibrohim qonunga itoat qilgani uchun emas, balki Xudo uni ishonchi tufayli solih, deb bilgani uchun Xudo bu va’dani berdi. Agar yer yuzini qonunga suyanadiganlar mulk qilib oladigan bo‘lsa edi, unda imon behuda, va’da esa quruq bo‘lib qolar edi. Axir, qonun Xudoning g‘azabini qo‘zg‘atadi, xolos. Qonun bo‘lmasa, qonunbuzarlik ham bo‘lmaydi. Shu sababdan, Xudoning va’dasi Uning inoyatiga bog‘liq bo‘lib, faqat imon bilan qabul qilinadi. Natijada qonunga amal qilib yashaydimi, yo‘qmi, xuddi Ibrohimning imoniday imonga ega bo‘lganlarning hammasi uning zurriyotidir. Xudoning va’dasi albatta ularga ham daxldordir. Axir, Ibrohim hammamizning otamizdir. Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Men seni ko‘plab xalqlarning otasi qilaman.” O‘liklarni tiriltiruvchi va mavjud bo‘lmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Xudoga ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz bo‘ldi. Xudo Ibrohimga yana: “Sening nasling son-sanoqsiz bo‘ladi”, degan edi. Ibrohim ko‘p xalqlarning otasi bo‘lishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi. O‘zi yuz yoshga yaqinlashib, badani ancha zaiflashib qolganiga va xotini Soraning bepushtligiga qaramay, Ibrohimning imoni zaiflashmadi. Imonsizlik qilib, Xudoning va’dasidan shubhalanmadi, balki imonida mahkam turib, Xudoni ulug‘ladi. Xudo bergan va’dasini bajo keltirishga qodir, deb Ibrohim qat’iy ishonar edi. Mana shu ishonchi uchun Xudo Ibrohimni solih, deb bildi. [23-24] Bu so‘zlar faqatgina Ibrohimga tegishli emas, balki biz uchun ham aytilgan. Agar Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoga ishonsak, Xudo bizni ham oqlaydi. *** Bizning gunohlarimiz uchun Iso Masih o‘limga topshirildi va oqlanishimiz uchun tiriltirildi. Biz imonimiz tufayli oqlanganimiz uchun Rabbimiz Iso Masih orqali Xudo bilan yarashib, tinchlikka ega bo‘ldik. Rabbimiz Iso Xudoning inoyati eshigini bizga ochib berdi. Biz imon tufayli bu inoyatga erishib, mahkam turamiz hamda Xudoning ulug‘vorligiga sherik bo‘lish umidimiz borligidan faxrlanamiz. Faqatgina o‘sha umidimiz bilan emas, balki azob–uqubatlarimiz bilan ham faxrlanamiz, chunki azob–uqubatlar sabr–toqat hosil qilishini bilamiz. Sabr–toqat Xudoga ma’qul fe’l–atvorni, bunday fel–atvor esa umidni hosil qiladi. Umidimiz bizni uyatga qoldirmaydi. Chunki bizga berilgan Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudoning mehr–muhabbati bilan to‘lib-toshadi. Ha, biz chorasiz bo‘lganimizda, belgilangan vaqtda Masih biz — betavfiqlar uchun o‘ldi. Hatto solih inson uchun ham o‘lishga rozi bo‘ladigan birorta insonni topish qiyin. Loaqal, kimdir himmatli inson uchun o‘lishga jur’at qilar. Lekin biz hali gunohga botgan chog‘imizda, Masih biz uchun o‘ldi. Shu yo‘sinda Xudo bizga bo‘lgan O‘z mehr–muhabbatini namoyon qildi. Demak, biz Masihning to‘kilgan qoni tufayli oqlangan ekanmiz, albatta U bizni Xudoning qahr–g‘azabidan qutqaradi. Biz hali Uning dushmanlari bo‘lgan paytimizda, Xudo O‘z O‘g‘lining o‘limi orqali bizlarni O‘zi bilan yarashtirdi. Biz endi Xudo bilan yarashgan ekanmiz, albatta O‘g‘lining hayoti tufayli najot topamiz. Bundan tashqari, biz Rabbimiz Iso Masih tufayli Xudo bilan bo‘lgan munosabatimizdan faxrlanamiz. Axir, Iso Masih orqali biz Xudo bilan yarashganmiz–ku. Bir odamning dastidan dunyoga gunoh kirib keldi. Gunohdan esa o‘lim kelib chiqdi. Natijada insonlar o‘ladigan bo‘lib qoldi, chunki hamma gunohkordir. Qonun mavjud bo‘lmasdan oldin ham dunyoda gunoh bor edi, lekin qonun yo‘qligida gunoh hisobga olinmaydi. Shunga qaramay, Odam Atodan Musoga qadar yashaganlarning gunohlari aynan Odam Atoning gunohiday bo‘lmasa–da, o‘lim ularning ustidan hokimlik qildi. Quyidagi ravishda Odam Ato Kelajak Zotning timsoli edi: Bir kishining gunohi tufayli hamma o‘ladigan bo‘ldi, shunga o‘xshab bir Odam, ya’ni Iso Masihning inoyati orqali hamma Xudoning boy ehsonidan bahramand bo‘la oladi. Biroq Xudoning ehsonini Odam Atoning gunohi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Xudoning ehsoni bilan Odam Atoning gunohi orasidagi farqi quyidagidan iboratdir: o‘sha bir gunohning oqibati mahkum qilinishga olib bordi, ko‘p gunohlardan keyin berilgan ehson esa oqlanishni keltirib chiqardi. To‘g‘ri, bittagina odamning gunohi tufayli, o‘sha odamning dastidan o‘lim hokimlik qila boshladi. Ammo Xudoning cheksiz inoyati bilan oqlanganlarning hammasi endi bir Odam, ya’ni Iso Masih orqali abadiy hayotda hokimlik qiladilar. Shunga ko‘ra, bir gunoh hammani mahkum qilganday, bir solih ish tufayli hamma oqlanib, yangi hayotdan bahramand bo‘la oladi. Bir odamning itoatsizligi tufayli ko‘p odamlar gunohkor bo‘lgan bo‘lsa, endi bir Kishining itoatkorligi tufayli hamma solih bo‘la oladi. Qonun berilgandan keyin gunoh ko‘payib ketdi. Lekin qayerda gunoh ko‘p bo‘lsa, Xudoning inoyati yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, gunoh hokimlik qilib, bizni o‘limga boshlar edi. Ammo biz oqlandik va Rabbimiz Iso Masih orqali abadiy hayotga egamiz. Bu ko‘rsatib turibdiki, endi Xudoning inoyati hukm surmoqda. Xo‘sh, nima deylik? Inoyat ko‘payaversin, deb gunoh qilishda davom etaveramizmi? Yo‘q, aslo! Biz gunoh uchun o‘lganmiz. Endi qanday qilib gunoh qilib yashayveramiz? Unutmanglar, cho‘mdirilish orqali biz — Masihga tegishli bo‘lganlar, Uning o‘limiga sherik bo‘ldik! Biz suvga cho‘mdirilib, Masih bilan birga o‘ldik va ko‘mildik. Otamiz Xudoning ulug‘vor qudrati bilan Iso Masih o‘likdan tirilganiday, biz yangi hayotga ega bo‘lamiz. Biz cho‘mdirilib, Iso Masihning o‘limiga sherik bo‘lgan bo‘lsak, albatta Uning o‘likdan tirilishiga ham sherik bo‘lamiz. Biz bilamizki, eski o‘zligimiz Masih bilan birga xochga mixlangani uchun, gunohga berilgan bu vujudimiz yo‘q qilindi. Endi biz gunohga qulligimizdan qutildik. Axir, o‘lgan odam gunohning amri ostida emas–ku! Agar biz Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil. Biz bilamizki, Masih o‘likdan tirilgani uchun U endi boshqa o‘lmaydi, o‘lim endi Unga hokim bo‘la olmaydi. Masih o‘lgani uchun gunoh endi Unga o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi, Uning yangi hayoti Xudoga shuhrat keltiradi. Shuning uchun sizlar o‘zingizni gunoh oldida o‘lik deb hisoblang. Endi Iso Masih tufayli Xudoga shuhrat keltirib yashashingiz kerak. Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy tanalaringiz ustidan hokimlik qilmasin, xudbin istaklaringizga itoat etmanglar. Tanangizning hech bir a’zosini yomonlik quroli qilib, gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, o‘zingizni Xudoning izmiga topshiringlar, chunki sizlar oldin o‘lik edingizlar, endi esa yangi hayotga egasizlar. Sizlarning tanangiz Xudoning solihlik quroli bo‘lsin. Gunoh sizlarning ustingizdan hukmron bo‘lmaydi, chunki sizlar endi qonun ostida emas, balki inoyat panohidasizlar. Xo‘sh, buyog‘i endi nima bo‘ladi? Qonun ostida emas, inoyat panohida bo‘lganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? Yo‘q, aslo! Bilmaysizlarmi, siz o‘zingizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, o‘shaning quli bo‘lasizlar. Siz kimga bo‘ysunasizlar? O‘limga olib boruvchi gunohgami yoki solihlikka yetaklovchi itoatkorlikkami? Ammo Xudoga shukurki, sizlar oldin gunohga qul bo‘lsangiz ham, endi sizlarga berilgan ta’limotga sidqidildan bo‘ysunyapsizlar. Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli bo‘lib qoldingizlar. Inson ongi zaif bo‘lgani uchun men kundalik hayotdan misol keltirib gapiryapman. Sizlar bir vaqtlar a’zoyi badaningizni ifloslik va qonunsizlikka topshirib, gunohga yanada chuqurroq botib ketgandingiz. Endi esa o‘zingizni muqaddaslikka yetaklaydigan solihlikka qul qilib topshiring. Axir gunohga qul bo‘lgan paytingizda, to‘g‘ri ishlar qilishga majbur emasdingiz. O‘sha paytdagi qilmishlaringizning oqibati nima bo‘ldi?! Hozir ulardan uyalyapsiz, o‘sha qilmishlaringizning oqibati o‘lim–ku! Endi gunohdan ozod qilinib, Xudoning quli bo‘lib qoldingiz. Buning natijasi muqaddaslik va abadiy hayotdir. Gunohning evazi — o‘lim, Xudoning in’omi esa Rabbimiz Iso Masih orqali beriladigan abadiy hayotdir. Ey birodarlar, axir sizlar bilasizlar–ku, (men qonunni biladiganlarga aytyapman), qonun faqat tirik insonning ustidan hukmronlik qiladi. Masalan, erli xotinning eri tirik ekan, qonun bo‘yicha u eriga bog‘liq. Ammo eri o‘lsa, u nikohdan ozod bo‘ladi. Shuning uchun hali eri tirik bo‘lgan xotin boshqa erga tegsa, u zinokor, deb hisoblanadi. Ammo eri o‘lsa, xotin o‘sha qonundan ozod bo‘ladi va boshqa erga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi. Shunga o‘xshab, sizlar ham, ey birodarlarim, Masihning o‘limi orqali qonun uchun o‘lgansizlar. Endi o‘zingizni Boshqasiga, ya’ni o‘likdan tirilgan Masihga bag‘ishlash ozodligiga egasizlar. Buning natijasida esa biz Xudoning yo‘lida samarali ishlar qila olamiz. Zero, biz bashariy tabiatimiz amri bilan yashagan paytimizda, qonun bizning a’zoyi badanimizda gunohkor ehtiroslarni qo‘zg‘atardi. Ularning samarasi esa o‘limdir. Endi esa bizni asir qilgan qonun uchun o‘ldik va undan ozod bo‘ldik. Shunday qilib, biz eskichasiga, ya’ni yozilgan qonun yetakchiligida emas, balki yangichasiga, ya’ni Muqaddas Ruh yetakchiligida Xudoga xizmat qilamiz. Xo‘sh, unda nima deymiz? Qonun gunohning manbaimi? Yo‘q, aslo! Ammo qonun bo‘lmaganda edi, men gunoh nima ekanligini bilmagan bo‘lar edim. Masalan, qonun “boshqalarning mulkiga ko‘z olaytirma” deb buyurmaganda edi, men buning gunoh ekanligini bilmagan bo‘lardim. Shu tariqa gunoh bu amrdan foydalanib, mening yuragimda har xil nafsu hasadni qo‘zg‘atdi. Qonun bo‘lmagan joyda, gunoh o‘likdir. Bir vaqtlar men qonunni bilmay yashardim. Ammo amr bor ekanligini bilganimdan keyin, gunoh tirildi, men esa o‘ldim. Amr hayot keltirishi kerak edi, ammo mening o‘limimga sababchi bo‘ldi. Chunki gunoh amrdan foydalanib, meni aldadi va amr orqali meni o‘ldirdi. Ammo qonun baribir muqaddasdir, uning har bir amri muqaddas, odil va yaxshidir. Xo‘sh, yaxshi bo‘lgan qonun menga o‘lim keltirdimi? Mutlaqo! Gunoh menga o‘lim keltirish uchun yaxshi narsadan foydalandi. Gunohning gunoh ekanligi ochiq ko‘rinishi uchun shunday bo‘ldi. Shunday qilib, amr orqali gunohning naqadar yomon ekanligi oshkor bo‘ldi. Qonunni Xudo bergan. Men esa gunohga qul qilib sotilgan ojiz bandaman. Axir, o‘zim qilayotgan ishlarni o‘zim tushunmayman, chunki qilishni xohlaganlarimni qilmayman, aksincha nimani yomon ko‘rsam, shuni qilaman. O‘zim xohlamagan ishlarni qilayotgan ekanman, bu bilan qonunning yaxshi ekanligini ma’qullayotgan bo‘laman. Demak, bu ishlarni men o‘zim emas, balki yuragimdagi gunoh qilayotgan bo‘ladi. Menda, ya’ni bashariy tabiatimda yaxshi narsa yo‘qligini aniq bilaman. Yaxshilik qilish istagi dilimda bor bo‘lsa-da, uni ro‘yobga chiqarishga kuchim yetmaydi. O‘zim qilishni xohlagan yaxshilikni qilmayman–da, uning o‘rniga o‘zim qilishni xohlamagan yomonlikni qilaman. O‘zim xohlamagan ishni qilayotgan ekanman, demak, bu ishni men emas, balki yuragimdagi gunoh qilyapti. Men bundan ushbu xulosani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo‘lganimda, qalbimda hamisha yomonlik poylab turadi. Butun qalbim bilan Xudoning qonunidan zavq olaman. Ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qoida amal qilmoqda. Bu qoida ongimdagi qonunga qarshi kurash olib borib, a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qoidasiga meni asir qilyapti. Oh, men sho‘rlik odam! O‘lim soyasi ostidagi bu ahvolimdan kim meni qutqarar ekan? Xudoga shukr! Rabbimiz Iso Masih orqali U bizni qutqaradi! Xullasi kalom, men ongim bilan Xudoning qonuniga qul bo‘lsam-da, bashariy tabiatim gunoh qoidasiga quldir. Iso Masihga tegishli bo‘lganlar endi hukm qilinmaydilar. Hayot ato etuvchi Ruhning qonun –qoidasi Iso Masih orqali meni gunohdan va o‘limga yetaklaydigan qonundan ozod qildi. Inson Xudoning qonunini bajara olmagani uchun qonun ta’sirsiz bo‘lib qoldi. Qonun insonni gunohdan qutqara olmagani uchun Xudoning O‘zi bu ishni qildi. Xudo O‘z O‘g‘lini gunohkor insonga o‘xshatib, bu dunyoga yubordi. Shu yo‘sin, Xudo inson orqali gunohni mahkum qildi. Biz, ya’ni bashariy tabiatning emas, balki Ruhning yetakchiligida yashayotganlar qonun talab qilgan solihlikka erishishimiz uchun Xudo shunday qildi. Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar bashariy fikr qiladilar. Ruhning yetakchiligida yashaydiganlar esa Ruhni mamnun qiladigan narsalar haqida fikr qiladilar. Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish o‘limga yetaklaydi, Ruh yetakchiligida fikr qiladiganlar esa hayot va tinchlikka ega bo‘ladilar. Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish Xudoga dushmanlikdir, chunki bunday tabiat Xudoning qonuniga itoat qilmaydi, darhaqiqat, itoat qila olmaydi. Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar Xudoni mamnun qila olmaydi. Agar Xudoning Ruhi haqiqatan ham sizlarning qalbingizda makon qilgan bo‘lsa, sizlar endi bashariy tabiat amri bilan emas, balki Ruh amri bilan yashayapsizlar. Kimki Masihning Ruhiga ega bo‘lmasa, u Masihga tegishli emas. Ammo Masih sizning qalbingizda makon qilgan. To‘g‘ri, gunoh tufayli tanangiz o‘limga mahkum qilingan, lekin endi Xudoning Ruhi sizlar uchun hayot manbaidir, chunki sizlar oqlangansiz. Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoning Ruhi qalbingizda yashayapti. Iso Masihni o‘likdan tiriltirgan Xudo yuragingizda yashayotgan Ruhi orqali sizlarning foniy tanangizni ham o‘likdan tiriltiradi. Shunday qilib, ey birodarlar, endi biz bashariy tabiatimizning amri bilan yashashga majbur emasmiz. Axir bashariy tabiat yetakchiligida yashasangiz, o‘lasizlar, ammo Ruh orqali o‘sha tabiatning qilmishlariga chek qo‘ysangizlar, yashaysizlar. Xudo Ruhining yetakchiligida yashaydiganlarning hammasi Xudoning farzandlaridir. Xudo bizga O‘z Ruhini berdi. Buni yana qul bo‘lib, qo‘rquvda yashashimiz uchun emas, balki Uning farzandi bo‘lib, Ruh orqali Xudoni “Otajon” deb chaqirishimiz uchun qildi. Xudoning Ruhi bizning ruhimizga qo‘shilib, biz Xudo farzandlari ekanligimiz haqida guvohlik berib turadi. Biz Xudoning farzandlari ekanmiz, demak, farzandlarday Uning va’da qilgan barakalariga ega bo‘lamiz, Masih bilan birga bu barakalarni baham ko‘ramiz. Biz Masihning azob–uqubatlariga sherik ekanmiz, albatta, Uning ulug‘vorligiga ham sherik bo‘lamiz. Ishonchim komilki, hozirgi azob–uqubatlarimiz bizga zohir qilinadigan ulug‘vorlik oldida hech narsa emas. Axir, butun mavjudot Xudoning farzandlari kim ekanligining ayon qilinishini intizorlik bilan kutyapti. [20-21] Chunki mavjudot behudalikka mubtalo bo‘lgan. Bu mavjudotning ixtiyori bilan emas, balki Xudoning ixtiyori bilan shunday bo‘ldi. Shunday bo‘lsa–da, mavjudot chirib–bitish qulligidan ozod etilib, Xudoning farzandlari bilan birga ulug‘vor erkinlikdan bahramand bo‘lishiga umid bor. *** Axir, butun mavjudot go‘yo to‘lg‘oq azobida, hozirga qadar birgalikda oh-nola qilayotganini bilamiz. Nafaqat mavjudot, balki biz o‘zimiz, ya’ni Xudoning Ruhi bilan yashash qanday ekanligini tatib ko‘rganlar ham, ichimizdan oh–nola qilyapmiz. Xudoning farzandlari qilib asrab olinganimizning to‘la ro‘yobga chiqishini hamda o‘ladigan badanimizning chirib–bitishdan ozod bo‘lishini intizorlik bilan kutyapmiz. Umidimizning ro‘yobga chiqishini kutib turib, najot topganmiz. Ko‘zga ko‘rinib turgan narsa umid emas. Axir, kim ko‘rib turgan narsani umid qiladi?! Agarda biz ko‘rmaganimizni umid qilayotgan bo‘lsak, buni sabr bilan kutib tursak bo‘ladi. Buning ustiga, ojizligimizda Ruh bizga madad beradi. Chunki biz qanday qilib ibodat qilishni bilmaymiz, ammo Ruhning o‘zi ifoda qilib bo‘lmas oh-nolalar bilan biz uchun Xudo oldida shafoat qiladi. Insonlarning yuragini sinovchi Xudo Ruhning fikri nimada ekanligini biladi, chunki Ruh Xudoning irodasiga ko‘ra Uning azizlari uchun shafoat qiladi. Biz bilamizki, Xudoni yaxshi ko‘rganlarga hamma narsa yaxshilik bo‘lib xizmat qiladi, chunki Xudo ularni O‘zining maqsadiga ko‘ra da’vat etdi. Xudo ularni azaldan tanlab olgan edi va “Mening O‘g‘limga o‘xshab borsinlar”, deb oldindan belgilab qo‘ygan edi, toki O‘g‘il ko‘p birodarlar orasida to‘ng‘ich bo‘lsin. Xudo oldindan belgilab qo‘yganlarni da’vat ham etdi, da’vat etganlarni esa oqladi, oqlaganlarni esa O‘zining ulug‘vorligidan bahramand qildi. Endi bunga nima deymiz? Xudo biz tomon bo‘lsa, kim bizga qarshi chiqar ekan?! Xudo O‘z O‘g‘lini ayamay, hammamiz uchun Uni fido qilgan bo‘lsa, Unga qo‘shib qolgan hamma narsani ham bizga ato qilmasmikan?! Xudoning tanlaganlarini kim ayblay olardi?! Xudoning O‘zi ularni oqlaydi–ku! Bizni kim mahkum qilar ekan?! Axir, o‘lib, tirilgan, Xudoning o‘ng tomonida turgan Iso Masihning O‘zi biz uchun shafoat qilmoqda–ku! Kim bizni Masihning mehr–muhabbatidan ajrata oladi? Azob–uqubatmi, iztirobmi, quvg‘inmi, ochlikmi, yalang‘ochlikmi, xavf–xatarmi yoki qilichmi? Muqaddas Bitiklarda yozilgan–ku: “Sen tufayli har kuni o‘limga duch kelamiz, Bo‘g‘izlanadigan qo‘yday bo‘lib qolganmiz.” Axir, bizni yaxshi ko‘radigan Masih orqali hamma qiyinchiliklar ustidan butunlay g‘alaba qozonamiz. Men aminmanki, o‘lim ham, hayot ham, farishtalaru jinlar ham, hech qanday g‘ayritabiiy kuchlar, hozirgiyu kelgusi hodisalar ham, balandliklaru chuqurliklar ham, yaratilgan hech bir mavjudot bizni Rabbimiz Iso Masih shaxsidagi Xudoning mehr–muhabbatidan judo qilishga qodir emas. Men Iso Masihga tegishli bo‘lganim uchun haqiqatni aytyapman, yolg‘on gapirmayman. Bu haqda vijdonim ham Muqaddas Ruh orqali shahodat beryapti. O‘z xalqim uchun chuqur qayg‘uga botgan yuragim muttasil alam chekmoqda. O‘z qondoshlarim haqi Xudoning lan’ati ostida qolib, Masihdan ajralishga ham rozi bo‘lardim. Ular Isroil xalqidir. Xudo ularni O‘ziga farzand qilib olish uchun tanladi. O‘zining ulug‘vorligini ularga namoyon qilib, ular bilan ahdlar tuzdi. Ularga O‘z qonunini berib, ularni O‘zining xizmatiga tayinladi hamda ularga O‘z va’dalarini berdi. Ular ulug‘ ota –bobolardan kelib chiqqan, Masih ham jismoniy jihatdan Isroil xalqidan kelib chiqqan. Butun borliq ustidan hukmdor bo‘lgan Xudoga abadiy hamdu sanolar bo‘lsin. Omin! Xudo O‘z so‘zida turmadi, demoqchi emasman. Ammo Isroil xalqining hammasi ham Xudoning xalqi emasdir. Shunga o‘xshab, Ibrohimdan tug‘ilganlarning hammasi ham Ibrohimning asl zurriyoti, deb hisoblanmaydi. Axir, Xudo Ibrohimga: “Nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi”, deb aytgan–ku! Demak, jismoniy jihatdan Ibrohimning farzandlari bo‘lganlarning hammasi ham Xudoning farzandlari emaslar. Faqatgina Xudo bergan va’daning natijasida dunyoga kelganlar asl zurriyot hisoblanadi. Xudoning Ibrohimga bergan va’dasi quyidagicha edi: “Kelgusi yili shu paytda Men kelaman, xotining Sora o‘g‘il tug‘adi.” O‘sha o‘g‘il bobokalonimiz Is’hoq edi. Vaqti kelib, Is’hoqning xotini Rivqo egizak o‘g‘illarga homilador bo‘ldi. [11-12] Farzandlar tug‘ilmaslaridan avval, hali birorta yaxshi yoki yomon ish qilmaslaridan oldin Xudo Rivqoga: “Kattasi kichigiga xizmat qiladi”, deb aytgandi. Bu ko‘rsatib turibdiki, Xudo O‘z maqsadini bajarish uchun insonlarni tanlaydi, tanlanish insonlarning ishlariga emas, balki Xudoning da’vatiga bog‘liqdir. *** Axir, Muqaddas Bitiklarda: “Men Yoqubni yaxshi ko‘rib, Esovdan nafratlandim”, deb yozilgan–ku! Xo‘sh, bunga nima deymiz? Xudo adolatsizmi? Yo‘q, aslo! Xudo Musoga: “Marhamat qiladiganimga marhamat qilaman, shafqat qiladiganimga shafqat qilaman”, deb aytgan. Shunday qilib, Xudoning mehr–shafqati inson xohishi va tashabbusiga emas, balki Xudoning irodasiga bog‘liq. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday, Xudo fir’avnga: “Senga qudratimni ko‘rsatay, butun olamga shuhratimni yoyay, deb seni hukmdor qilib tayinladim”, deb aytgan. Xullas, Xudo O‘z xohish–irodasiga ko‘ra ish yuritadi, bir insonga marhamat ko‘rsatadi, boshqa birovning esa yuragini tosh qiladi. Shunda kimdir mendan: “Unda nima uchun Xudo bizni ayblaydi? Axir, kim ham Uning irodasiga qarshi chiqa olardi?”, deb so‘rashi mumkin. Ey inson, sen kim bo‘libsanki, Xudoga gap qaytarsang?! Yaratilgan narsa yaratuvchisidan: “Nima uchun meni bunday qilib yaratding?”, deb so‘raydimi? Axir kulol bir loy qorishmasidan har xil idishlar yasar ekan, ularning ba’zilarini qutlug‘ bayram kunlarida ishlatiladigan qilishga, boshqalarini esa har kuni ishlatiladigan idish qilib qo‘yishga haqi yo‘qmi? To‘g‘ri, Xudo O‘z g‘azabi va qudratini jazo orqali ko‘rsatishga haqlidir. Ammo jazoga mubtalo bo‘ladiganlarning halokatini orqaga surib, sabr–bardosh ko‘rsatsa, nima bo‘pti? Shunday qilib, Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgan va Uning ulug‘vorligini baham ko‘rishga belgilangan odamlarga Xudo O‘z ulug‘vorligining naqadar boy ekanligini namoyon qiladi. Nafaqat yahudiylar orasidan, balki boshqa xalqlar orasidan tanlanganlar qatorida biz ham bormiz. Xo‘sheya kitobida Xudo shunday deb aytgan: “Mening xalqim bo‘lmaganlarni ‘O‘z xalqim’, deb atayman. Oldin sevgilim bo‘lmaganni ‘Sevgilim’, deb aytaman. Ularga: ‘Xalqim emas’, deb aytilgan bo‘lsa, kelajakda ular: ‘Barhayot Xudoning bolalari’, deb ataladi.” Ishayo ham Isroil xalqi haqida shunday degan edi: “Isroil xalqining soni dengiz qumiday ko‘p bo‘lgan bo‘lsa ham, faqatgina ba’zilari qutqarilib, omon qoladi, chunki Egamiz dunyo ustidan chiqargan hukmini to‘la–to‘kis va tezda ijro etadi.” Bulardan oldinroq Ishayo yana shunday deb aytgan edi: “Eh, agarda Sarvari Olam Qoldirmaganda edi bizga zurriyot, Sado‘m shahriga o‘xshab qolgan bo‘lardik, G‘amo‘ra shahriga o‘xshagan bo‘lardik.” Xo‘sh, bular nimani bildiradi?! Xudoning oldida oqlanish payida bo‘lmagan boshqa xalqlar endi imon tufayli oqlandilar. Isroil xalqi esa oqlanish niyatida qonunni bajarish payida bo‘ldilar, lekin maqsadlariga erisha olmadilar. Nima uchun? Chunki ular imon bilan emas, balki qonunni bajarish orqali oqlanishga urindilar. Ular Muqaddas Bitiklarda tasvirlangan Toshga qoqilib yiqildilar. Xudo Muqaddas Bitiklarda shunday deb aytgan edi: “Men Quddusda bir Tosh joylashtiryapman. Ba’zilar unga qoqilib, yiqiladilar, ammo unga tayanganlar sharmanda bo‘lmaydilar.” Bu Tosh Iso Masihdir. Birodarlarim, men o‘z xalqim Isroilning najot topishini chin dildan istayman va bu uchun Xudoga iltijo qilaman. Axir, o‘zim guvohman: ular jon–jahdlari bilan Xudoga berilganlar, ammo haqiqiy tushunchaga ega emaslar. Xudoning insonlarni oqlash yo‘lini tushunmasdan, o‘zlarini oqlash niyatida, ular Xudoning haq yo‘liga bo‘ysunmadilar. Iso Masih esa qonunning maqsadini amalga oshirdi, shu tariqa hamma imon orqali oqlanadi. Qonun orqali oqlanish haqida Muso quyidagicha yozgan edi: “Ularga rioya qilgan odam hayotdan bahramand bo‘lar.” Imon orqali oqlanish haqida esa Muqaddas Bitiklarda nima deb yozilgan? “Yuragingizda: “Kim osmonga chiqadi? (ya’ni, Masihni olib kelish uchun)”, “Kim tubsiz chuqurlikka tushadi? (ya’ni, Masihni tiriltirish uchun)”, demanglar”, deb yozilgan. Yana quyidagicha yozilgan–ku: “Bu kalom (ya’ni, biz va’z qilayotgan imon haqidagi kalom) sizning yaqiningizdadir, og‘zingizda va yuragingizdadir.” Agar o‘z og‘zingiz bilan Isoni Rabbim, deb e’tirof etib, Xudo Uni o‘likdan tiriltirganiga chin yurakdan ishonsangiz, najot topasiz. Chunki inson qalbida ishonib oqlanadi va og‘zi bilan e’tirof etib najot topadi. Muqaddas Bitiklarda yozilganday: “Unga ishongan hech bir inson sharmanda bo‘lmaydi.” Yahudiylar bilan g‘ayriyahudiylar orasida aslo farq yo‘q. Ularning Rabbiysi bir bo‘lib, Unga iltijo qilganlarning birontasidan O‘z mehr–shafqatini ayamaydi. Axir, “Rabbimizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi”, deb yozilgan–ku. Ammo Rabbimiz Isoga ishonmaganlar qanday qilib Unga iltijo qiladilar?! U haqda eshitmagan bo‘lsalar, qanday qilib Unga ishonadilar? Hech kim ularga Xushxabarni e’lon qilmasa, qanday qilib eshitadilar?! Ular yuborilmasalar, qanday qilib Xushxabarni e’lon qiladilar?! Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Xushxabarni e’lon qilgan xabarchining qadamlari naqadar go‘zal!” Ammo Xushxabarga hamma ham quloq solmadi. Ishayo ham shunday degan–ku: “Ey, Egam, bizning xabarimizga kim ishondi?” Demak, imon tinglashdan, ya’ni Masih haqidagi Xushxabarni eshitishdan kelib chiqadi. Mening bir savolim bor. Xo‘sh, ular eshitmaganmidi? Albatta eshitganlar, chunki “xabarchilarning ovozlari har tomonga tarqaldi, xabarlari olamning chetigacha yetib bordi”, deb yozilgan–ku. Bundan yana bir savol kelib chiqadi. Xo‘sh, Isroil xalqi xabarni tushunmadimi? Muso orqali Xudo shunday degandi: “Men ham xalq bo‘lmaganlar bilan ularning rashkini keltiraman, Aqlsiz bir xalq bilan g‘azabini qo‘zg‘ataman.” Ishayo ham Xudoning so‘zlarini jasorat bilan yetkazgan: “Meni izlamaganlar topdi, Meni so‘ramaganlarga ko‘rindim.” Isroil xalqi haqida esa shunday deydi: “Itoatsiz va o‘jar xalqni Kun bo‘yi quchoq ochib kutdim.” Shunday qilib, yana bir savolim bor. Nahotki Xudo O‘z xalqini rad qilgan bo‘lsa? Yo‘q, aslo! Men o‘zim Isroil xalqidan bo‘lib, Ibrohimning avlodidanman, Benyamin qabilasiga tegishliman–ku! Xudo azaldan tanlab olgan xalqini rad qilgani yo‘q. Muqaddas Bitiklarda Ilyos payg‘ambar haqida nima yozilgani esingizda yo‘qmi?! U Isroil xalqidan shikoyat qilib, Xudoga shunday degan edi: “Ey, Egam, Isroil xalqi qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.” Xudo unga nima deb javob berdi? “Men Isroil xalqidan O‘zim uchun yetti ming odamni qoldirdim, ular Baal oldida tiz cho‘kmagan.” Xuddi shunga o‘xshab, hozir ham Xudoga sodiq qolganlar bor, chunki ular Xudoning inoyati bo‘yicha tanlanganlar. Tanlash insonlarning ishlariga emas, Xudoning inoyatiga bog‘liq. Agar shunday bo‘lmaganda edi, inoyat haqiqiy inoyat bo‘lmas edi. Xullas, bu nimani bildiradi? Isroil xalqi solihlik payida bo‘lsa ham, solihlikka erishmadi. Faqatgina tanlanganlar bu maqsadga erishdi, qolganlarning esa yuraklari tosh bo‘ldi. Muqaddas Bitiklarda yozilganday: “Xudo shu paytgacha ularni qattiq uxlatib qo‘ydi, Ularga ko‘radigan ko‘z, eshitadigan quloq bermadi.” Dovud ham shunday degan: “Dasturxonlari o‘zlariga to‘ru tuzoq bo‘lsin, Shunda ular qoqilib, Jazolarini oladilar. Ko‘z nurlari so‘nsin, ko‘rmayin qolsin, Bellari to abad bukchayib qolsin.” Bundan yana bir savol kelib chiqadi. Yahudiylar qoqilganda, butunlay halok bo‘ldilarmi? Yo‘q, aslo! Aksincha, ular Masihni rad qilganlari uchun g‘ayriyahudiylar najotga ega bo‘ldilar, toki Isroil xalqining rashki qo‘zg‘alsin. Yahudiylar Masihni rad etib, butun dunyoni yanada boyitdilar. O‘zlari yo‘qotgan boylik bilan g‘ayriyahudiylarga foyda keltirdilar. Agar ularning bu gunohi shunday samara keltirgan bo‘lsa, ularning najot topishi qanchalik foyda keltirishini bir tasavvur qilib ko‘ringlar–a! Endi sizlarga — g‘ayriyahudiylarga aytyapman. To‘g‘ri, men sizlarga Xushxabar keltirish uchun yuborilganman. Bu xizmatimni jon–jahdim bilan bajaraman, balki bu xizmatim bilan o‘z qondoshlarim, yahudiylarning rashkini qo‘zg‘atarman, ularning ba’zilarini qutqarib qolarman. Yahudiylarning rad etilishi dunyoni Xudo bilan yarashtirgan bo‘lsa, ularning Xudo tomonidan qabul qilinishi o‘limdan hayotga olib bormaydimi? Birinchi yopilgan non Xudoga bag‘ishlanib muqaddas bo‘lsa, xamirning qolgani ham muqaddasdir. Agar tomirlar muqaddas bo‘lsa, novdalar ham muqaddasdir. Ba’zi yahudiylar daraxtning sindirib tashlangan novdalariga o‘xshaydilar. Sizlar — g‘ayriyahudiylar esa tabiiy novdalar orasiga payvand qilingan yovvoyi zaytun novdalariga o‘xshaysizlar. Endi ular bilan birga bir tomirdan oziqlanyapsizlar. Shunday ekan, boshqa novdalarga qarab maqtanmanglar. Agar juda kekkayib ketsangizlar, yodga olinglar, sizlar tomirni emas, balki tomir sizlarni oziqlantiryapti. Ehtimol sizlar: “Biz payvand qilinishimiz uchun novdalar sindirildi”, — dersizlar. To‘g‘ri, lekin esingizda bo‘lsin: ular ishonmaganlari uchun sindirib tashlandilar, ammo sizlar imoningiz orqali payvand qilingansiz. Shuning uchun kekkayib ketmanglar, balki Xudodan qo‘rqinglar. Yo‘qsa, Xudo tabiiy novdalarni ayamagani kabi, sizlarni ham ayamaydi. Shunday qilib, Xudoning mehribonligi va qattiqqo‘lligi haqida o‘ylab ko‘ring: Xudoning najotini rad qilganlarga U qattiqqo‘llik qildi, sizlarga — payvand qilinganlarga esa U mehribonlik ko‘rsatdi. Agar Xudoga sodiq qolsangiz, Uning mehribonligidan bahramand bo‘laverasiz. Bo‘lmasa, Xudo sizlarni ham kesib tashlaydi. Najotni rad qilganlar o‘z imonsizliklarini bas qilsalar, payvand qilinadilar. Xudo ularni qayta payvand qilib qo‘yishga qodir. Axir, sizlar yovvoyi zaytun daraxtidan kesib olinib, parvarishlangan zaytun daraxtiga, tabiatga xilof ravishda payvand qilindingiz. Shunday ekan, ular — tabiiy novdalar, o‘zlarining daraxtlariga qanday osonlik bilan qayta payvand qilinadilar–a! Birodarlarim, sizlar tag‘in o‘zbilarmon bo‘lib ketmanglar, deb bu sirni sizlarga bildirmoqchiman: g‘ayriyahudiylar orasidan belgilangan sondagilar najot topmaguncha, Isroil xalqining ba’zilari o‘jar bo‘lib qolaveradilar. Shundan keyin, butun Isroil qutqariladi. Muqaddas Bitiklarda Xudo shunday degan–ku: “Qutqaruvchi Quddusdan keladi, Yoqub naslidan betavfiqlikni yo‘q qiladi. Ular bilan qilgan ahdim mana shudir: Men ularni gunohlaridan forig‘ qilaman.” Xushxabarni rad qilib, yahudiylar Xudoning dushmanlari bo‘lib qoldilar, bu sizlar — g‘ayriyahudiylarga foyda keltirdi. Ammo Xudo yahudiylarni tanlagani uchun, ularning ota –bobolari haqi hali ham ularni yaxshi ko‘radi. Chunki Xudo bergan in’omlarini qaytarib olmaydi va O‘zi da’vat qilgan xalqidan voz kechmaydi. Siz — g‘ayriyahudiylar ham bir vaqtlar itoatsiz edingiz, ammo endi Xudo sizlarga mehr–shafqat ko‘rsatdi. Bu yahudiylarning itoatsizligi natijasida sodir bo‘ldi. Endi esa yahudiylar itoatsiz bo‘lib qoldilar, ammo sizlarga ko‘rsatilgan mehr–shafqat tufayli ular ham mehr–shafqat topadilar. Hammaga mehr ko‘rsatay, deb Xudo hammani itoatsizlikka tutqun qildi. Xudoning donoligiyu bilimi naqadar boy va chuqurdir! Uning hukmlarini kim tushunib yetar?! Uning yo‘llarini kim sinchiklab tekshira olar?! Kim Egamizning fikr–zikrini bila olar?! Kim Unga maslahat bera olar?! Kim Xudoga shunday hadya berganki, Xudo undan qarzdor bo‘lsa?! Hech kim! Chunki butun borliq Xudodan kelib chiqqan, Xudo orqali va Xudo uchun mavjuddir! Unga to abad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman. O‘z tanangizni tirik, muqaddas va Xudoga manzur bo‘ladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlang. Mana shu Xudoga loyiq bo‘lgan asl xizmatdir. Bu dunyoga moslashmanglar, fikr–zikringizni yangilab, tubdan o‘zgaringlar. Shunda Xudoning irodasini tushuna oladigan bo‘lasiz, ya’ni nima yaxshi, Xudoga manzur va mukammal ekanligini bila oladigan bo‘lasiz. Menga berilgan inoyatdan foydalanib, sizlarga aytyapman. O‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar. Aksincha, Xudo har bir kishiga qancha imon bergan bo‘lsa, shunga ko‘ra fikr qilib, aqli raso odamlar bo‘linglar. Axir, tanamiz bir bo‘lsa–da, tana a’zolari ko‘p, ammo tana a’zolarining vazifasi ham bir xil emas. Shunga o‘xshab, biz — Masihga tegishli bo‘lganlar, bir tanani tashkil qilamiz. Har birimiz har xil a’zolar bo‘lib, bir–birimizga bog‘liqmiz. Bizga berilgan inoyat bo‘yicha har birimizning har xil in’omlarimiz bor. Agar birortasida Xudoning so‘zini boshqalarga yetkazish in’omi bo‘lsa, u e’tiqodimizga muvofiq ravishda gapirsin. Agar birorta odamga xizmat qilish in’omi berilgan bo‘lsa, u xizmat qilsin, agar birortasiga muallimlik in’omi berilgan bo‘lsa, u ta’lim bersin. Agar insonga dalda berish in’omi berilgan bo‘lsa, u dalda bersin, beg‘araz yordam beradigan bo‘lsa, saxiylik bilan bersin. Yetakchilik qiladigan odam qunt bilan yetakchilik qilsin, mehr–shafqat ko‘rsatadigan odam xursandchilik bilan ish tutsin. Bir–biringizga bo‘lgan mehr–muhabbatingiz samimiy bo‘lsin. Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni mahkam tuting. Bir-biringizni birodarlarcha, chuqur muhabbat bilan yaxshi ko‘ring. Bir–biringizni hurmat qilib, o‘zingizdan yuqori ko‘ring. G‘ayratingiz susaymasin, butun qalbingiz bilan Rabbimiz Isoga xizmat qiling. Umidingiz borligi uchun xursand bo‘ling. Qiyinchilikda sabr–toqat qiling. Ibodat qilishdan charchamang. Muhtojlikda bo‘lgan birodarlarga yordam bering, doimo mehmondo‘st bo‘ling. Sizlarni quvg‘in qilayotganlarni duo qilinglar, ularni qarg‘amanglar. Sevinayotganlar bilan birga sevininglar, yig‘layotganlar bilan birga yig‘langlar. O‘zaro hamfikr bo‘linglar. Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan do‘st bo‘ling. O‘zbilarmonlik qilmanglar. Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar, odamlar yaxshilik deb bilganlarni qilishga intilinglar. Agar iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar. Azizlarim, o‘zingiz uchun o‘zingiz qasos olmang, balki Xudoning g‘azabiga yo‘l qo‘yib bering. Axir, Muqaddas Bitiklarda Egamiz shunday deb aytgan–ku: “Men O‘zim qasos va o‘ch olaman.” Muqaddas Bitiklarda yozilganiday qiling: “Dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber, Chanqagan bo‘lsa, suv ichir. Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan.” Yomonlik sizni mag‘lub qilmasin, aksincha siz yomonlikni yaxshilik bilan mag‘lub eting. Har bir inson o‘zining ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatga bo‘ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo‘q, mavjud bo‘lgan har bir hokimiyatni esa Xudo tayin etgan. Shuning uchun hokimiyatga qarshilik ko‘rsatgan odam Xudo o‘rnatgan tartibga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qarshilik qiluvchilar esa o‘zlarini o‘zlari hukmga duchor qiladilar. Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar hukmronlardan qo‘rqishlari kerak. Hokimiyatdan qo‘rqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshilik qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo‘lasan. Chunki boshliqlar odamlarning manfaati uchun Xudoning xizmatidadirlar. Yomon ish qilayotgan bo‘lsang, qo‘rqqin, chunki jazo berish qudrati boshliqlarga bekorga berilmagan. Ular yomonlik qiluvchilarga jazo berib, Xudoning g‘azabini ko‘rsatadigan Xudoning xizmatkorlaridir. Shuning uchun faqatgina g‘azabga duchor bo‘lmaslik niyatida emas, balki vijdon haqi ham boshliqlarga bo‘ysunish kerak. Mana shu sababdan soliq ham to‘lash lozim. Chunki amaldorlar o‘z vazifalarini bajarib, Xudoga xizmat qiladilar. Ularga nima tegishli bo‘lsa, shuni bering: soliq yig‘uvchiga — soliq, boj oluvchiga — boj, obro‘ga loyiq bo‘lganga — obro‘, hurmatu ehtiromga loyiq bo‘lganga — hurmat–ehtirom. Hech kimdan hech narsa qarzdor bo‘lmanglar. Faqat mehr–muhabbatni ham farz, ham qarz, deb bilinglar, chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam Xudoning qonunini bajargan bo‘ladi. Axir, “Zino qilmang”, “Qotillik qilmang”, “O‘g‘irlik qilmang”, “Birovlarning mulkiga ko‘z olaytirmang”, degan va qolgan hamma amrlar quyidagi bir amrda mujassam–ku: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.” Chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam unga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, boshqalarni yaxshi ko‘rish Xudoning qonunini to‘liq bajarish bilan barobardir. Hozirgi vaqtni g‘animat, deb bilinglar. Mana, uyqudan uyg‘onadigan paytingiz yetib keldi. Biz imon keltirgan paytdan ko‘ra, hozirgi vaqtda najotimizning to‘la ro‘yobga chiqishi yaqinroqdir. Tun o‘tib ketib, kunduz yaqinlashib qoldi. Shuning uchun qorong‘ilik ishlaridan voz kechib, nurga loyiq ishlarni qilishga bop bo‘lgan qurol–aslahalarni taqib olinglar. Shahvatparastlik va fisq–fujurga berilmay, janjalkashlik va hasadgo‘ylik qilmasdan, aysh-ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik. Rabbimiz Iso Masihga burkaninglar va bashariy tabiatingizning ehtiroslarini qondirishni hatto xayolingizga ham keltirmanglar. Imoni sust bo‘lganlarni imonlilar qatoriga qabul qiling, ularning fikrlari haqida bahslashmang. Zero, ba’zilar hamma narsani tanovul qilib bo‘ladi, deb ishonadi, ba’zi imoni sustlar esa faqat sabzavot yeydi. Hamma narsani yeydigan odam, har qanday narsani yemaydigan odamdan nafratlanmasin. Shuningdek, har narsani ham yeyavermaydigan odam, hamma narsani yeydigan odamni hukm qilmasin, chunki Xudo uni imonlilar qatoriga qabul qilgan. Sen kim bo‘libsanki, birovning xizmatkorini tergaysan? Xizmatkorning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ish qilganini uning xo‘jayini tasdiqlaydi–ku! Xo‘jayin xizmatkorni boshqargani uchun xizmatkor to‘g‘ri ish qiladi, bu xo‘jayin Rabbimiz Isodir. Ayrim odamlar bir kunni boshqa kundan ustunroq hisoblaydi, yana boshqa bir odamlar esa kunlarning hammasini baravar, deb hisoblaydilar. Har bir kishi o‘z fikrida mahkam tursin. Biror kunni boshqasidan ustun, deb bilgan odam Rabbimiz Isoni ulug‘lash uchun shunday qiladi. Hamma narsani yeyish mumkin, deb bilgan odam ham Rabbimizni ulug‘lash uchun shunday fikrlaydi, chunki ovqati uchun u Xudoga shukr aytadi. Har narsani yemaydigan odam ham Rabbimizni ulug‘lash uchun shunday qiladi, u ham ovqati uchun Xudoga shukr aytadi! Zero, hech birimiz faqat o‘zimiz uchun yashamaymiz, faqatgina o‘zimiz uchun o‘lmaymiz. Axir, yashasak, hayotimiz bilan Rabbimiz Isoga shuhrat keltiramiz, o‘lsak ham, o‘z o‘limimiz bilan Rabbimizga shuhrat keltiramiz. Demak, yashasak ham, o‘lsak ham, Rabbimizga tegishlimiz. Masih o‘liklarning hamda tiriklarning Rabbiysi bo‘lish uchun o‘ldi va o‘likdan tirildi. Shunday ekan, nima uchun birodaringizni hukm qilyapsiz? Nima uchun birodaringizdan nafratlanyapsiz? Axir, hammamiz Xudoning hukm kursisi oldida turib, javob beramiz–ku! Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Egamiz shunday demoqda: ‘Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki: Mening oldimda har bir tizza cho‘kka tushadi, Har bir til Menga hamdu sano aytadi.’” Demak, har birimiz Xudoning oldida o‘zimiz uchun javobgarmiz. Shuning uchun endi bir–birimizni hukm qilmaylik. Aksincha, birodarlaringizning yo‘liga g‘ov qo‘ymaslikka, uni vasvasaga solmaslikka qaror qilinglar. Men Rabbim Isoga tegishli bo‘lganim uchun qat’iy aminmanki, hech bir narsa o‘z–o‘zidan harom emas. Ammo kimdir biror narsani harom hisoblasa, o‘sha narsa u uchun haromdir. Agar sizlar biror narsa yeb, birodaringizni xafa qilayotgan bo‘lsangiz, mehr–muhabbat bilan ish tutmayotgan bo‘lasiz. Masih bu odam uchun o‘lgan, yegan ovqatingiz bilan o‘sha odamni halokatga yo‘liqtirmang. Siz yaxshi deb bilgan narsa haqida boshqalar yomon gap gapirmasin. Xudoning shohligi ovqat va ichimlikdan emas, balki Muqaddas Ruh ato qiladigan solihlik, tinchlik va quvonchdan iborat. Masihga shu tarzda xizmat qilgan odam Xudoni ham mamnun qiladi, insonlarning ham maqtoviga sazovor bo‘ladi. Shuning uchun o‘zaro tinch–totuv yashash va bir–birimizning imonimizni mustahkamlash harakatida bo‘laylik. Yegulikni deb, Xudoning ishiga putur yetkazmanglar! To‘g‘ri, hamma narsa halol, ammo biror narsani yeb, birodarini vasvasaga solgan odam noto‘g‘ri ish tutgan bo‘ladi. Go‘sht yeyish, sharob ichish yoki shunga o‘xshash ishlar birorta birodarni vasvasaga solayotgan bo‘lsa, bularni qilmaslik yaxshidir. Bu masaladagi fikringizni Xudoning O‘zi hukm qilsin. Tutgan yo‘lini hukm qilmagan odam baxtiyordir. Biror narsani yeyish haqida ikkilanib turib, baribir yeyishga qaror qilgan odam hukmga duchor bo‘lishi muqarrar, chunki u o‘z ishonchiga ko‘ra ish tutmagan bo‘ladi. Ishonchga asoslanmasdan qilingan har bir ish esa gunohdir. [24-26] Biz, imoni kuchlilar, o‘zimizni mamnun qilishni ko‘zlamasdan, imoni sust bo‘lgan birodarlarning ojizligiga sabr–bardosh qilishimiz kerak. Har birimiz o‘zganing manfaatini ko‘zlab, unga dalda berish niyatida uni mamnun qilish harakatida bo‘laylik. Hattoki Masih ham O‘zini mamnun qilishni ko‘zlamagan, zero, Muqaddas Bitiklarda yozilganiday: “Seni haqoratlaganlar meni haqorat qilgan bo‘lar.” Qadimgi Bitiklarda nimaiki yozilgan bo‘lsa, bizning ta’lim olishimiz uchun yozilgan. Biz bu Bitiklardan sabr va tasalli topib, umidimizda mahkam turishimiz lozim. Sabr va tasalli manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi esa Iso Masihning shogirdlariga mos ravishda bir–biringiz bilan hamfikr bo‘lishni sizlarga ato qilsin. Shunda sizlar yakdillik bilan, bir ovozda Rabbimiz Iso Masihning Otasi — Xudoni ulug‘laysizlar. Masih sizlarni o‘z birodarlariday qabul qilgani kabi, sizlar ham bir–biringizni birodarlarday qabul qiling. Shunday qilish Xudoga shuhrat keltiradi. Men sizlarga aytyapman: Xudoning ota –bobolarimizga bergan va’dalarini bajarib, Uning sodiqligini ko‘rsatish niyatida Iso Masih yahudiylarning xizmatkori bo‘lib keldi. Masihning kelishidan yana bir maqsadi shu ediki, g‘ayriyahudiylar ham Xudoning mehr–shafqati uchun Uni ulug‘lasinlar. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday: “Xalqlar ichra Senga hamdlar ayturman, Sening ismingni kuylab sano ayturman.” Yana boshqa joyda shunday yozilgan: “Ey ellar, Uning xalqi bilan shodlaning.” Yana shunday deb ham yozilgan: “Ey barcha xalqlar, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey jamiki elatlar, Uni olqishlanglar!” Ishayo kitobida ham quyidagicha yozilgan: “Essay tomiridan bir Zot kelib chiqar, U xalqlar ustidan hukmronlik qilar, Xalqlar esa Unga umid bog‘laydilar.” Imon yo‘lidan yurar ekansiz, umid manbayi bo‘lgan Xudo qalbingizni sevinch va tinchlikka to‘ldirsin, shunda sizlar Muqaddas Ruhning kuchi ila umidga boy bo‘lasizlar. Ey birodarlarim, men aminmanki, sizlar ezgulikka va ilm–ma’rifatga boysizlar, bir–biringizga pand–nasihat qilishga qodirsizlar. [15-16] Shuning uchun, ba’zi bir narsalarni eslatay deb, sizlarga bu xatni yozishga jur’at qildim, chunki men Xudoning inoyati bilan Iso Masihning xizmatkori etib tayinlanganman. Xudoning Xushxabarini aytib, ruhoniy sifatida g‘ayriyahudiylarga xizmat qilmoqdaman. Buning natijasida, g‘ayriyahudiylar Xudoga manzur bo‘ladigan, Muqaddas Ruh orqali tabarruk qilingan qurbonlikday Xudoga tortiq etilmoqdalar. *** Shunday qilib, Iso Masih tufayli Xudoning yo‘lida qilgan ishlarim bilan maqtansam bo‘ladi. [18-19] Kuchli mo‘jizalaru alomatlar bilan, mening aytganlarim va qilganlarim orqali Masih g‘ayriyahudiylarni Xudoga itoat qilish yo‘liga boshladi. Ammo Iso Masihning men orqali qilgan ishlaridan boshqa narsalar haqida gapirishga jur’at etmayman, chunki bularning hammasi Xudo Ruhining qudrati ila sodir bo‘ldi. Shunday qilib, men Quddusdan boshlab, to Illiriya hududiga qadar Masihning Xushxabarini yoyib, o‘z vazifamni bajardim. *** Shu bilan birga, men boshqalarning poydevori ustiga bino qurmayin, deb hali Masihning nomi ovoza qilinmagan yerlarda Xushxabarni yoyish uchun jon kuydiryapman. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday: “U haqda xabarsiz bo‘lganlar endi ko‘radilar, U haqda eshitmaganlar endi anglab yetadilar.” Xushxabarni yoyish xizmatim tufayli anchadan beri sizlarning oldingizga bora olganim yo‘q. Endi esa bu joylarda menga boshqa ish qolmagan. Men ko‘p yillardan beri sizlarni ko‘rishni orzu qilaman. Shuning uchun Ispaniyaga borayotganimda, yo‘lda sizlarni ko‘rib o‘taman. Oz bo‘lsa–da, diydoringizga to‘yganimdan keyin, yo‘limda davom etishim uchun kerakli bo‘lgan muhtojliklarimni qondirarsizlar, degan umiddaman. Hozircha men Xudo azizlariga yordam bergani Quddusga ketyapman. Chunki Makedoniya va Axayadagi birodarlar mablag‘ yig‘ib, Quddusdagi kambag‘al birodarlarga yordam berishga qaror qildilar. Buni ham qarz, ham farz, deb bilganlari uchun, xursandchilik bilan shunday qildilar. Axir, g‘ayriyahudiylar yahudiylar tufayli ruhiy ne’matlarga sazovor bo‘ldilar–da, shuning uchun ular o‘z moddiy boyliklarini yahudiylar bilan baham ko‘rishni loyiq topdilar. Men bu ishni bajarib, to‘plangan mablag‘ni ularga topshirganimdan keyin, sizlarning oldingizda to‘xtab o‘taman. So‘ngra Ispaniyaga ketaman. Aminmanki, men sizlarni ko‘rishga borganimda, biz birgalikda Masih Xushxabari keltiradigan qut–barakalarni to‘liq baham ko‘ramiz. Ey, birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih va Muqaddas Ruh ato qiladigan mehr–muhabbat haqi sizlarga yolvoraman: men uchun birgalikda Xudoga ibodat qilaylik. Yahudiyadagi imonsizlarning qo‘lidan qutulushim uchun va Quddusdagi xizmatim u yerdagi Xudoning azizlariga ma’qul bo‘lishi uchun ibodat qilinglar. Xudo xohlasa, men shod–xurramlik bilan sizlarning oldingizga boraman, sizlar bilan birga bo‘lganimdan qalbim orom topadi. Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudo hammangizga yor bo‘lsin. Omin! Men Kenxreya shahridagi jamoatda xizmat qilayotgan opamiz Fivani sizlarga tanishtiray. Sizlar Xudoning azizlarisiz, shuning uchun Rabbimiz Iso haqi Fivani mehmondo‘stlik bilan qabul qilinglar. U nimaga muhtoj bo‘lsa, yordam beringlar. Zero, u ko‘plarga, ayniqsa menga ko‘p yordam ko‘rsatgan. Priskilla va Akilga salom ayting, ular men qatori Iso Masihning xizmatidalar. Ular mening jonimni asrab qolish uchun o‘zlarini o‘lim xavfi ostiga qo‘ydilar. Nafaqat men, balki g‘ayriyahudiylardan iborat bo‘lgan jamoatlar ham ulardan minnatdorlar. Ularning uyida yig‘iladigan jamoatga ham salom aytib qo‘yinglar. Asiya o‘lkasidagilar orasida birinchi bo‘lib Masihga imon keltirgan aziz do‘stim Yepenetga salom ayting. Sizlar uchun ko‘p mehnat qilgan Maryamga salom aytinglar. Birodarimiz Andronik va opamiz Yuniyaga salom aytinglar. Ular men bilan birga hibsda bo‘lgan qondoshlarim. Bu obro‘li havoriylar mendan oldin Masihga imon keltirgan edilar. Rabbimiz Iso tufayli mening aziz do‘stim bo‘lib qolgan Ampliatga salom ayting. Masih xizmatida hamkorimiz bo‘lgan Urban va aziz do‘stim Staxisga salom ayting. Masihga sodiqligini isbotlagan Apellisga salom ayting. Aristovul xonadoniga ham salom aytib qo‘ying. Qondoshim Hirodionga salom ayting. Narkis xonadonidagi Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganlarga ham salom aytib qo‘ying. Rabbimizga jonu dillari bilan xizmat qilayotgan opalarimiz Trifena bilan Trifosaga salom aytinglar. Rabbimizga astoydil xizmat qilayotgan aziz opamiz Persisaga ham salom ayting. Rabbimizning tanlangan xizmatkori Rufusga va menga onaday bo‘lib qolgan uning onasiga ham salom ayting. Asinkrit, Flegon, Hermes, Patrovas, Harmaslarga va ular bilan birga bo‘lgan birodarlarga salom aytinglar. Filalogus bilan Yuliyaga, Nirey va uning singlisiga, Olimpas hamda ular bilan birga bo‘lgan barcha aziz birodarlarga salom aytinglar. Bir–biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Barcha Masih jamoatlari sizlarga salom yo‘llayaptilar. Sizlarga yolvoraman, olgan ta’limotingizdan aynitib, orangizga nizo va g‘ulg‘ula soladigan odamlardan ehtiyot bo‘linglar. Ulardan o‘zingizni olib qochinglar. Axir bunday odamlar Rabbimiz Iso Masihning emas, balki o‘z nafslarining qulidirlar. Ular shirin so‘zlaru xushomadgo‘ylik bilan sofdil insonlarni yo‘ldan ozdiradilar. Sizlarning Xudoga bo‘lgan itoatkorligingiz hammaga ma’lum. Men sizlardan juda xursandman, ammo yaxshilikka kelganda dono, yomonlikka kelganda esa norasida bo‘lishingizni istayman. Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi tez orada shaytonni oyoqlaringiz ostida ezib tashlaydi. Rabbimiz Isoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Mening hamkorim Timo‘tiy hamda qondoshlarim Lutsiy, Yason va Sosipatrlar sizlarga salom yo‘llayaptilar. Bu maktubni qog‘ozga tushirayotgan, Rabbimizning quli men — Tertiydan ham sizlarga salom. Butun jamoatga mehmondo‘stlik ko‘rsatadigan va hozirda mening mezbonim bo‘lgan Gayus sizlarga salom aytyapti. Shaharning xazinadori Yerast va birodarimiz Kvart ham salom yo‘llayaptilar. [25] Men bayon qilayotgan Xushxabarga, ya’ni Iso Masihning Xushxabariga binoan sizlarni imonda sobitqadam qilishga qodir bo‘lgan Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! Bu Xushxabar qadimdan sir tutilgan edi, endi esa u ochildi. [26] Ha, bu sir oshkor qilindi va payg‘ambarlarning bitiklari orqali, Xudoning amri bo‘yicha barcha xalqlarga ayon bo‘ldi, toki ular ham imon orqali Xudoga itoatkor bo‘lsinlar. [27] Donolik sohibi bo‘lgan yagona Xudoga Iso Masih orqali to abad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin! Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lish uchun da’vat qilingan men — Pavlusdan va birodarimiz Sostendan Xudoning Korinf shahridagi jamoatiga salom! Xudo sizlarni O‘zining aziz xalqi bo‘lishga da’vat qilib, Iso Masih orqali O‘zi uchun ajratib olgan. Shunday qilib, har yerda Rabbimiz Iso Masihga sajda qilayotganlarning qatoriga qo‘shildingiz. Iso Masih ularning ham, bizning ham Rabbimizdir. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyatu tinchlik ato qilsin. Xudoyim sizlarga Iso Masih orqali O‘z inoyatini berdi. Shu bois doimo Xudoyimga sizlar uchun shukr aytaman. Iso Masih orqali Xudo sizlarni har qanday kalomda mohir, ilmu ma’rifatda boy qildi. Shu tariqa men sizlarga aytgan Masih haqidagi xabar haqiqat ekanligi isbotlandi. Shuning uchun Rabbimiz Iso Masihning kelishini intizorlik bilan kutar ekansiz, Muqaddas Ruh beradigan in’omlardan benasib emassizlar. Rabbimiz Iso Masih kelgan kunda sizlar aybsiz bo‘lishingiz uchun Xudo sizlarni oxirigacha qo‘llab quvvatlaydi. Sizlarni O‘z O‘g‘li Rabbimiz Iso Masih bilan muloqot qilishga chaqirgan Xudo sadoqatlidir. Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga iltijo qilaman, hammangiz o‘zaro ahil yashanglar. Orangizda nizolarga yo‘l qo‘ymay, fikr–xayolda tamomila yakdil bo‘linglar. Zero, ey birodarlarim, sizlarning orangizda janjallar borligi haqida opamiz Xloisning xonadonidagilar menga xabar berishdi. Men quyidagilarni nazarda tutyapman, orangizda ba’zilar: “Men Pavlusning shogirdiman”, yana ba’zilar esa: “Men Apollosning shogirdiman”, yana boshqalar: “Men Butrusning shogirdiman”, yana bir xil odamlar: “Men Masihning shogirdiman”, deb aytayotgan emish. Nima, Masih bo‘linganmi? Yoki sizlar uchun Pavlus xochga mixlanganmi? Nahotki Pavlusning nomi bilan suvga cho‘mdirilgan bo‘lsangiz? Xudoga shukurki, men sizlarning orangizdan Krisp va Gaydan boshqa hech kimni suvga cho‘mdirmadim. Hech kim: “Men Pavlusning nomi bilan cho‘mdirilganman”, deya olmaydi. To‘g‘ri, men Stefanning uy ahlini ham suvga cho‘mdirgan edim, ammo bulardan boshqa hech bir odamni suvga cho‘mdirganim esimda yo‘q. Zotan, Masih meni odamlarni suvga cho‘mdirsin, deb emas, balki Xushxabarni yoysin, deb yubordi. Menga bu Xushxabarni insonlarga oid bo‘lgan donolik bilan yoyish buyurilmadi, bo‘lmasa Masihning xochdagi o‘limi haqidagi xabarning kuchi yo‘qolgan bo‘lardi. Xoch haqidagi bu xabar halok bo‘layotganlarga telbalikday tuyuladi. Ammo biz, najot topayotganlar uchun esa u Xudoning qudratidir. Axir Muqaddas Bitiklarda yozilgan–ku: “Men donolarni donolikdan mahrum qilaman, Idroklilarni idrokidan ayiraman.” Donolar qani? Tafsirchilar va bu dunyoning faylasuflari qayerda? Xudo bu dunyoning hikmatini aqlsizlikka aylantirdi–ku, axir! Modomiki Xudoning hikmati bo‘yicha bu dunyo o‘z aql-zakovati bilan Xudoni tanib–bilmagan ekan, tentaklikday tuyulgan xabarga ishonganlarni Xudo qutqarishni lozim ko‘rdi. Mana, yahudiylar mo‘jizalar talab qiladilar, yunonlar esa donolik payida. Biz faqat xochga mixlangan Masih haqidagi xabarni yoymoqdamiz. Bu xabar yahudiylar uchun haqorat bo‘lsa, g‘ayriyahudiylar uchun telbalikdir. Biroq Xudo da’vat qilgan yahudiy va g‘ayriyahudiylar uchun Masih xochi Xudoning qudrati va hikmatidir. Zero, Xudoning “aqlsizligi” inson donoligidan ustundir, Xudoning “zaifligi” inson qudratidan kuchliroqdir. Ey birodarlarim, Xudo sizlarni da’vat qilganda qanday odam edingizlar, bir esga oling–chi! Insoniy nuqtayi nazardan qaraganda, ko‘plaringiz dono, qudratli yoki olijanob emas edingiz. Lekin Xudo donolarni sharmanda qilish uchun dunyodagi aqlsiz deb hisoblanganlarni tanladi. Qudratlilarni sharmanda qilish uchun U dunyodagi zaif hisoblanganlarni tanladi. Dunyodagi e’tiborli hisoblanganlar arzimas bo‘lib qolsin deb, Xudo bu dunyodagi e’tiborsiz va kamsitilgan, ya’ni ahamiyatsiz, deb hisoblanganlarni tanladi. Shunday qilib, hech bir inson Xudoning oldida maqtana olmaydi. Iso Masih orqali Xudo bizga yangi hayot ato etib, U orqali donolikka ega bo‘lganimizni namoyon qildi. Biz Masihning sharofati bilan oqlanib, gunohdan qutqarildik, Xudoning aziz xalqi bo‘ldik. Shunday qilib, Muqaddas Bitiklarda o‘rgatilganday, kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Egamizni bilaman, deb maqtansin. Ey birodarlar, men sizlarga Xudoning sirli rejasini e’lon qilishga borganimda, so‘zamollik va insoniy donolik bilan gapirmadim. Orangizda bo‘lganimda, Iso Masih va Uning xochga mixlanganidan boshqa hech narsa haqida gapirmaslikka qaror qildim. Oldingizga zaifligu qo‘rquv hissi bilan titrab bordim. Men sizlarga Xushxabar aytib, va’z qilganimda, donolik qilib ishontirishga urinmadim, balki Xudoning Ruhi va qudratiga asoslandim. Toki sizlarning imoningiz inson donoligiga emas, balki Xudoning qudratiga asoslansin. Biz yetkazgan xabarni ruhan yetuk insonlar hikmatu donolik, deb tan oladilar. Ammo bizning donoligimiz bu dunyoga yoki bu dunyoning o‘tib ketadigan hukmronlariga munosib bo‘lgan donolik emas. Biz Xudoning pinhon tutilgan sirli donoligi haqida gapiramiz. Bu donoligi bilan Xudo dunyo bino bo‘lishidan avvalroq biz uchun najot rejasini tayyorlab qo‘yilgan edi, toki biz Xudoning ulug‘vorligidan bahramand bo‘laylik. Bu dunyoning hukmronlari Xudoning donoligini tushunmadilar. Tushunganlarida edi, ulug‘vor Rabbimiz Isoni xochga mixlamagan bo‘lardilar. Biz Muqaddas Bitiklarda yozilgan sirli reja haqida gapiryapmiz: “Xudoni yaxshi ko‘rganlar uchun Xudoning O‘zi qanday ajoyibotlarni tayyorlab qo‘yganini hech bir ko‘z ko‘rmagan, hech bir quloq eshitmagan, ular hech kimning xayoliga kelmagan.” Bizlarga esa Xudo bularni O‘zining Ruhi orqali oshkor qildi. Chunki Muqaddas Ruh hamma narsadan, hatto Xudoning chuqur o‘y–fikrlaridan ham ogohdir. Insonning o‘y–fikrlarini uning ichidagi o‘z ruhidan boshqa yana kim biladi?! Xuddi shu singari, Xudoning o‘y–fikrlarini Xudoning Ruhidan boshqa hech kim bilmaydi. Biz Xudoning Ruhini qabul qildik, endi dunyoviy odamlar kabi o‘y–fikr qilmaymiz. Shuning uchun Xudo bizga nima ato qilganini aniq tushuna olamiz. Biz bular haqida gapirganimizda insoniy donolik bilan gapirmaymiz, balki Muqaddas Ruh o‘rgatayotgan so‘zlar bilan ruhiy haqiqatni talqin qilamiz. Qalbida Xudoning Ruhi bo‘lmagan insonlar Xudoning Ruhi o‘rgatganlarni rad qiladilar. Ular uchun bu haqiqatlar tentaklikday ko‘rinadi, bu haqiqatlarni ular tushuna olmaydilar. Zero, bu haqiqatlarni faqatgina Xudoning Ruhi yordami bilan tushunsa bo‘ladi. Qalbida Xudoning Ruhi bo‘lgan inson hamma narsaga baho bera oladi, ammo boshqalar u odamga baho berishga ojiz. “Axir, kim Rabbimizning fikr–zikrini anglab yetibdiki, Unga yo‘l–yo‘riq ko‘rsatsa?!” Biz esa Masihday fikr–zikr qila olamiz. Ey birodarlar, sizlarga ruhan yetuk insonlarga gapirganday emas, balki bu dunyoga tegishli odamlarga gapirganday gapirdim. Yana sizlarga endigina Masihga ishongan, imonda go‘dakday bo‘lgan insonlarga so‘zlaganday so‘zladim. Sizlarga bergan ta’limotim milkka botadigan yegulikday emas, balki chaqaloqlarga kerak bo‘lgan sutday edi, chunki sizlar kuchliroq ta’limotga tayyor emas edingiz. Hozir ham tayyor emassiz, chunki bu dunyo hali ham sizlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Orangizda janjalkashlik va kelishmovchiliklar bor ekan, bu sizlarning hali ham bashariy tabiatingiz ta’sirida, insoniy fikrlab yashayotganingizni ko‘rsatmaydimi?! Axir, ba’zilaringiz: “Men Pavlusning shogirdiman”, boshqalaringiz esa: “Men Apollosning shogirdiman”, desangiz, sizlar insoniy fikrlab yashayotgan bo‘lmaysizmi? Axir, Pavlus kim? Apollos kim? Ular Xudoning xizmatkorlaridir, ular orqali sizlar imonga kelgansizlar. Har birimiz Egamiz bergan vazifani bajaramiz. Men urug‘ ekdim, Apollos sug‘ordi, lekin Xudo parvarishlab, o‘stirdi. Kim ekkani yoki sug‘organi muhim emas, eng muhimi o‘stiradigan Xudodir. Ekuvchining ham, sug‘oruvchining ham maqsadi bir va ularning har biri o‘z mehnatiga yarasha mukofot oladi. Biz Xudoning xizmatidagi hamkorlarmiz, sizlar esa Xudoning dalasisizlar. Ayni payda sizlar Xudoning imorati hamsizlar. Xudoning marhamati bilan men mohir bir me’morday imoratning poydevorini qo‘ydim. Endi esa boshqalar uning ustiga qurilish qilyaptilar. Har kim qanday qilib qurayotganiga diqqat qilsin. Zero, hech kim mavjud bo‘lgan poydevordan boshqa poydevor qo‘ya olmaydi. Bu poydevor Iso Masihdir. Bu poydevor ustiga kimdir oltindan, kimdir kumush yoki qimmatli toshlardan, yana kimdir esa yog‘ochu xashak yoki poxoldan imorat qurmoqda. Qiyomat kunida har kimning ishi qanday ekanligi ayon bo‘ladi. O‘sha kuni hammaning ishi olovda sinaladi. Kimning qilgan ishi olovga bardosh bersa, o‘sha kishi mukofot oladi. Kimning ishi yonib ketsa, u talafot ko‘radi. O‘zi omon qoladi–yu, ammo olovdan qutulib chiqqanday bo‘ladi. Nahotki bilmasangiz?! Sizlar Xudoning ma’badisizlar, Xudoning Ruhi orangizda maskan qilgan. Kimki Xudoning ma’badini buzsa, Xudo uni halok qiladi. Zero, Xudoning ma’badi muqaddasdir, bu ma’bad esa sizlarsiz. Hech kim o‘zini o‘zi aldamasin. Orangizda kimdir o‘zini bu dunyoda dono, deb bilsa, o‘zining aqlsiz ekanligini tan olsin, shundagina u haqiqatdan ham dono bo‘ladi. Chunki bu dunyoning donoligi Xudoning nazarida aqlsizlikdir. Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “U donolarni o‘zlarining ayyorliklari orqali tutib oladi.” Yana shunday yozilgan: “Egamiz donolarning niyatini anglaydi, Niyatlarining behudaligini U biladi.” Shuning uchun orangizda hech kim boshqa bir insonning ta’limotiga rioya qilayotgani bilan maqtanmasin. Axir, hammasi sizlarga tegishli–ku: Pavlus, Apollos va Butrus, dunyo ham, hayot va o‘lim ham, hozir va kelajak ham — bularning hammasi sizniki. Sizlar esa Masihniki, Masih esa Xudonikidir. Odamlar bizni Masihning xizmatkorlari hamda Xudoning sir–asrorlarini bayon etishga mas’ul insonlar, deb bilishlari kerak. Bizdan talab qilingan narsa ishonchli bo‘lishdir. Meni sizlar hukm qilasizlarmi yoki mahkamada hukm qilishadimi, menga farqi yo‘q. Men o‘zimni o‘zim ham hukm qilmayman. Zotan o‘zimda hech bir ayb ko‘rmasam ham, bu bilan o‘zimni oqlamayman. Chunki meni hukm qiluvchi Rabbimiz Iso bo‘ladi. Shu bois sizlar ham vaqtidan oldin, Rabbimiz kelmaguncha, aslo hukm qilmanglar. U kelib zulmatda yashirilgan narsalarni ravshan qiladi, inson yuraklarining maqsadlarini oshkor etadi. O‘shanda har kim o‘z ishiga yarasha Xudoning tahsiniga sazovor bo‘ladi. Ey birodarlar, men o‘zimni va Apollosni misol qilib keltirdim, toki sizlar Muqaddas Bitiklarda yozilganlarga binoan yashashni bizdan o‘rganinglar. Bir ustozni boshqasidan ustun qo‘ymang. Kim sizlarga shunday huquq berib qo‘ygan?! Xudodan olmagan biror narsangiz bormi?! Bor narsangizni sizga Xudo bergan–ku, nima uchun xuddi o‘z kuchingiz bilan erishganday maqtanib yuribsiz? Xohlagan hamma narsangizga erishib oldingizmi?! Boy bo‘lib ketdingizmi?! Bizsiz hukmronlik qilyapsizmi?! Qani endi, haqiqatdan ham hukmronlik qilayotgan bo‘lsangiz edi, biz ham sizlar bilan birga hukmronlik qilsak. Lekin men o‘ylaymanki, Xudo biz — havoriylarni sharmandali ahvolga solib, maydonda namoyish qilinadigan, o‘limga mahkum etilgan asirlarday qilib qo‘ydi. Biz farishtalaru insonlar oldida, butun koinot oldida tomosha bo‘lib qoldik. Biz Masih haqi aqlsiz bo‘libmiz, sizlar esa Masih soyasida aqlli bo‘lib qolibsizlar. Biz zaif, sizlar esa kuchli ekansiz! Sizlar obro‘–e’tiborli, biz esa sharmanda ekanmiz–da! Hozirgacha och–yalang‘ochmiz, tashnalik va kaltaklarga bardosh beramiz, sarson–sargardon bo‘lib yuribmiz. O‘z mehnatimiz bilan kun ko‘ryapmiz. Bizni haqorat qilsalar, duo qilamiz, quvg‘in qilsalar, chidaymiz. Bizni g‘iybat qilsalar, yaxshilik bilan javob beramiz. Hozirgacha biz dunyoning supurindisi, hammaning axlatiday bo‘lib yuribmiz. Men bularni sizlarni xijolatda qoldirmoq uchun emas, balki sevimli bolalarimga nasihat qilganday, sizlarga nasihat qilmoq uchun yozyapman. Masihning yo‘lida minglab odamlar sizlarga ustozlik qilsa ham, sizlarning faqatgina bir ruhiy otangiz bor. Men sizlarga Xushxabarni yetkazib, Iso Masih orqali sizlarning ruhiy otangiz bo‘ldim. Shuning uchun sizlarga yolvoraman, mendan o‘rnak olinglar. Ana shu maqsadda men Rabbimiz Isoga sodiq bo‘lgan sevimli o‘g‘lim Timo‘tiyni sizlarning oldingizga yuboryapman. Har yerda va har bir imonlilar jamoatida ta’lim berar ekanman, Iso Masihga tegishli bo‘lib, qanday hayot kechirayotganligimni u sizlarga bildiradi. Orangizda ba’zilar: “Pavlus kelmas ekan”, deb kekkayib, bilganini qilayotgan ekan. Ammo Rabbimiz Iso xohlasa, men yaqin orada oldingizga boraman. Shunda nafaqat bu takabbur odamlar qanday gaplar gapirayotganlarini, balki ularda qanday kuch borligini sinab ko‘raman. Chunki Xudoning shohligi quruq so‘zlar bilan emas, balki kuch–qudrat bilan namoyish etiladi. Xo‘p, nima xohlaysizlar? Oldingizga kaltak bilan boraymi yoki mehr–muhabbat va muloyimlik ruhi bilan boraymi? Orangizda jinsiy axloqsizlik bor ekanligi haqida gaplar yuribdi. Bunday axloqsizlik hatto butparastlar orasida ham sodir bo‘lmagan ekan. Orangizdagi bir kishi o‘z otasining xotinini xotin qilib yashayotgan ekan. Sizlar esa kekkayib yuribsizlar. Aksincha, motam tutib, bunday ish qilgan odamni orangizdan haydab chiqarishingiz kerak–ku! [3-4] To‘g‘ri, hozir jismonan sizlar bilan emasman, ammo ruhan sizlar bilanman. Men go‘yo sizlarning yoningizda bo‘lgandek, bu ishni qilgan odam haqida allaqachon Rabbimiz Iso Masih nomi bilan hukm chiqardim. Sizlar birga yig‘ilganingizda Iso Masihning qudrati va mening ruhim sizlar bilan birga bo‘ladi. *** Shunda o‘sha odamni shaytonga topshiringlar, toki uning tanasi halokatga uchrasin, ruhi esa Rabbimiz Iso kelgan kunida xalos bo‘lsin. Maqtanishingiz o‘rinli emas. Nahotki, ozgina xamirturush butun xamirni achitishini bilmasangizlar? Orangizdan eski xamirturushni chiqarib tashlanglar, shu tariqa yangi xamirday bo‘linglar. Sizlar aslida xamirturushsiz xamirdaysizlar–ku! Chunki Masihning O‘zi jonini fido qilib, bizning Fisih qurbonligimiz bo‘ldi! Shuning uchun Fisih bayramini nishonlaganday, yangi hayotimizni nishonlab yashaylik! Yomonlik va buzuqlik timsoli bo‘lgan xamirturushga hayotimizdan o‘rin bermay, soflik va haqiqat bilan kun kechiraylik. Men oldingi maktubimda sizlarga jinsiy tomondan axloqsiz bo‘lgan odamlar bilan munosabatda bo‘lmaslik haqida yozgan edim. Shubhasizki, bu dunyoning zinokorlarini, tamagirlarini, tovlamachilarini, butparastlarini nazarda tutmagan edim, aks holda sizlar bu dunyo bilan butunlay aloqani uzishingizga to‘g‘ri kelar edi. Men o‘zini birodar, deb atab turib, zinokorlik, tamagirlik, butparastlik, g‘iybatchilik, ichkilikbozlik yoki tovlamachilik qiluvchi odam bilan aloqa qilmanglar, u bilan birga hatto ovqat ham yemanglar, deb aytgan edim. [12-13] Qolaversa, imonlilar jamoatidan tashqaridagilarni hukm etishga bizning nima haqimiz bor? Ularni Xudo hukm qiladi. Sizlar jamoatdagilarni hukm qilsangiz, bas. Fosiq odamni o‘z orangizdan haydab chiqaringlar. Orangizda bittasining boshqa birovga da’vosi bor ekan. Bu da’voni hal qilib bersin, deb u kishi Xudoning azizlari oldiga emas, balki imonsizlar oldiga borishga qanday jur’at qilyapti? Xudoning azizlari hatto dunyoni hukm qilishini nahotki sizlar bilmasangiz?! Modomiki sizlar dunyoni hukm qilar ekansiz, nahotki ahamiyatsiz ikir–chikir ishlarni hukm qila olmasangiz? Biz hatto farishtalarni ham hukm qilamiz–ku! Shuni bilmaysizlarmi? Shunday ekan, turmush ikir–chikirlari nima bo‘libdi?! Nega bunday da’volaringizni hal qilish uchun jamoatga daxli bo‘lmagan odamlarga olib borasizlar?! Nahotki orangizda o‘z birodarlarining da’vosini ajrim qila oladigan birorta dono odam topilmasa?! Uyalmaysizlarmi, axir?! Imonli birodar yana boshqa bir imonli birodari bilan da’volashmoqda, qolaversa buni imonsiz hakamlarning oldida qilyapti–ya! Undan ko‘ra haqsizlikka chidab turganingiz sizlar uchun yaxshiroq bo‘lmasmidi? Hatto hiyla–nayranglardan zarar ko‘rish sizlar uchun afzalroq bo‘lmasmidi? Bir-biringiz bilan da’volashishning o‘zi sizlar uchun tamoman mag‘lubiyat–ku! Shunisi yetmaganday, sizlar hiyla–nayranglar bilan o‘z birodaringizga nohaqlik qilyapsizlar. Nahotki bilmasangizlar?! Nohaqlik qiluvchilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar–ku! Adashmanglar, jinsiy tomondan axloqsiz bo‘lganlar, butparastlar, zinokorlar, bachchabozlaru bachchalar, o‘g‘rilar, tamagirlar, ichkilikbozlar, g‘iybatchilar va tovlamachilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar. Ba’zilaringiz oldin shunday edingiz. Endi esa sizlar Rabbimiz Iso Masihning nomi bilan va Xudoning Ruhi orqali poklandingiz, Xudoga bag‘ishlandingiz, oqlandingiz. Ba’zilaringiz: “Xohlaganimni qilishga haqqim bor”, deb aytyapsizlar. To‘g‘ri, lekin hamma narsa ham foydali emas. Xohlaganimizni qilishga haqqimiz bor, lekin hech bir narsa bizning ustimizdan hokimlik qilmasligi kerak. Ba’zilaringiz yana: “Ovqat qorin uchun, qorin esa ovqat uchun, Xudo ikkalasini ham yo‘q qiladi–ku”, deb aytyapsizlar. To‘g‘ri, ammo badanimiz zino uchun xizmat qilmasligi kerak, aksincha, badanimiz bilan Rabbimiz Isoga xizmat qilishimiz kerak. Rabbimiz badanimiz ustidan hokimlik qilishi kerak. Rabbimizni tiriltirgan Xudo O‘z qudrati bilan bizlarni ham tiriltiradi. Bilmaysizlarmi, axir?! A’zoyi badaningiz Masih tanasining a’zosi–ku! Shunday ekan, men Masih tanasining a’zolarini olib, fohisha tanasining a’zolari qilib qo‘yarkanmanmi? Yo‘q, aslo! Fohisha bilan qovushgan u bilan bir tan bo‘lishini bilmaysizlarmi?! Muqaddas Bitiklarda: “Ikkalasi bir tan bo‘ladilar”, deb yozilgan–ku! Rabbimiz Iso bilan birga bo‘lgan esa U bilan bir ruhda bo‘ladi. Jinsiy axloqsizlikdan o‘zingizni olib qochinglar! Jinsiy axloqsizlik bilan gunoh qilgan o‘z tanasiga qarshi gunoh qilgan bo‘ladi, qolgan hamma gunohlar esa tanaga bevosita bog‘lanmagan holda qilinadi. Nahot bilmasangiz?! Qalbingizda maskan qilgan Muqaddas Ruhni Xudo sizlarga bergan. Tanangiz Muqaddas Ruhning ma’badidir. Sizlar o‘zlaringizga tegishli emassizlar. Sizlar qimmat bahoga sotib olingansizlar. Shuning uchun o‘z tanangiz bilan Xudoni ulug‘langlar. Endi sizlar menga yozganlaringizga kelaylik. Orangizda ba’zilar: “Er xotini bilan qovushmasin”, deb aytayotgan ekan. Lekin jinsiy axloqsizlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir kishi o‘z xotini bilan, har bir ayol esa o‘z eri bilan qovushishi kerak. Er o‘z xotiniga nisbatan va xotin o‘z eriga nisbatan er-xotinlik vazifasini bajo keltirsin. Xotinning badani ustidan xotin emas, balki eri hokimlik qiladi. Xuddi shu singari, erning badani ustidan er emas, balki xotini hokimlik qiladi. Bir–biringizdan bosh tortmanglar. Faqatgina o‘zaro kelishgan holda, o‘zingizni ibodatga bag‘ishlash uchungina jinsiy aloqadan o‘zingizni tutib turing. Bundan so‘ng yana qovushinglar, toki o‘zingizni tiya olmaganingizdan foydalanib, shayton sizlarni vasvasaga solmasin. Men buni buyruq tariqasida emas, nasihat tariqasida aytyapman. Qaniydi, hamma menga o‘xshab so‘qqabosh bo‘lsa! Ammo har bir odamda Xudodan berilgan in’om bor, biriniki bu bo‘lsa, boshqasiniki udir. Beva ayollaru xotini o‘lgan erkaklarga shunday deyman: “Men kabi bo‘lsangiz, sizlar uchun yaxshidir.” Ammo ular o‘zlarini tiya olmasalar, uylansinlar, erga tegsinlar. Chunki shahvoniy ishq bilan yonishdan ko‘ra uylanish, erga tegish yaxshiroqdir. Quyidagi amr esa uylangan va erga tekkanlarga berilgan. U mendan emas, Rabbimiz Isodandir: xotin eri bilan ajrashmasin. Ajrashgan bo‘lsa, boshqa erga tegmasin yoki o‘z eri bilan yarashsin. Er ham o‘z xotini bilan ajrashmasin. Eri yoki xotini imonli bo‘lmaganlarga esa shunday deb aytaman. Bular Rabbimizning emas, mening so‘zlarimdir: “Birorta imonli erkakning xotini imonsiz bo‘lsa–yu, ammo eri bilan yashashga rozi bo‘lsa, er xotini bilan ajrashmasin. Shuningdek, imonli ayolning eri imonsiz bo‘lsa va u xotini bilan yashashga rozi bo‘lsa, o‘sha ayol eridan ajrashmasin. Axir, imonsiz er imonli xotini tufayli poklanadi. Shuningdek, imonsiz ayol imonli eri tufayli poklanadi. Natijada ularning farzandlari harom emas, pok bo‘ladi. [15-16] Qayerdan bilasan ey, xotin, balki sen orqali ering najot topar?! Ey, er, qayerdan bilasan, balki sen orqali xotining najot topar?! Ammo imonsiz inson o‘zining imonli turmush o‘rtog‘idan ajrashmoqchi bo‘lsa, ajrashaversin. Shundan keyin o‘sha ajrashgan imonli odamning boshi bog‘liq emas. Xudo bizni tinchlikka chorlagan. *** Har bir inson Xudo uni qanday da’vat qilgan bo‘lsa, Rabbimiz Iso uni qanday sharoitga solgan bo‘lsa, shunday yashashda davom etaversin. Barcha jamoatlarda mana shunday ta’lim berib kelyapman. Birov sunnatli bo‘lganda da’vat etildimi, jarrohlik yordamida sunnatini qayta sunnat qilinmaganday qilib o‘zgartirmasin. Boshqa birov sunnatsiz bo‘lganda da’vat etildimi, sunnat qilinmasin. Axir, sunnat qilingan yoki qilinmaganlikning hech ahamiyati yo‘q. Eng muhimi, Xudoning amrlariga amal qilishdir. Har kim qanday holatda da’vat etilgan bo‘lsa, holatini o‘zgartirishga urinmasin. Agar qul bo‘lganingda da’vat etilgan bo‘lsang, tashvishlanma. Ammo ozod bo‘lishga imkon bor bo‘lsa, fursatni g‘animat bil. Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansiz. Kim qul bo‘lgan paytida da’vat etilgan bo‘lsa, endi Rabbimizning nazarida u ozod insondir. Shuningdek, kim ozod bo‘lgan paytida da’vat etilgan bo‘lsa, endi u Masihning qulidir. Sizlar qimmat bahoga sotib olindingiz, shuning uchun o‘zingizni insoniy g‘oyalarga qul qilmanglar. Birodarlar, Xudo kimni qanday vaziyatda da’vat qilan bo‘lsa, o‘sha vaziyatda qolib yashayversin. Hali oila qurmagan erkagu ayollar masalasiga kelsak, Rabbimiz Iso bu haqda amr bermagan. Ammo men Egamizning mehr–shafqati bilan ishonchli bo‘lgan kishi sifatida maslahat bera olaman. Hozirgi tang vaziyat sababli kishi qay holda bo‘lsa, shunday qolgani yaxshidir. Uylanganmisan? Xotining bilan ajrashma. Bo‘ydoqmisan? Xotin olmagin. Bordi–yu, uylansang, bu gunoh emas. Shuningdek, qiz erga tegsa ham, gunoh bo‘lmaydi. Ammo uylanganlarning tashvish–iztiroblari ko‘p bo‘ladi, men sizlarni shulardan asramoqchiman. Ey birodarlar, sizlarga yana shuni aytmoqchimanki, vaqt endi qisqa. Vaqti kelib, uylanganlaru uylanmaganlarning farqi bo‘lmaydi. Yig‘layotganlaru sevinayotganlar, buyum xarid qilganlar o‘zlarining qayg‘u–alamlari, xursandchiligi va mol–dunyosi bilan ovora bo‘lib qolmasin. Bu dunyoning ishlari bilan ovora bo‘lganlar endi buni bas qilsinlar. Axir, bu dunyo o‘tkinchi dunyo–ku! Men sizlarning tashvishsiz bo‘lishingizni istayman. Bo‘ydoqning asosiy tashvishi Rabbimiz Isoni mamnun qilish, Uning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdir. Uylangan kishi esa xotinini mamnun qilish niyatida dunyoviy ishlar haqida qayg‘uradi. Uning fikri ikkiga bo‘lingan. Hozir ersiz bo‘lgan ayollar va erga tegmagan qizlarning ham tashvishi Rabbimizning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdir, ularning maqsadi ham jismonan, ham ruhan Rabbimizga bag‘ishlanishdir. Erga tekkan ayol esa erini mamnun qilish niyatida dunyoviy ishlar haqida qayg‘uradi. Men sizlarni chegaralash niyatida emas, balki sizlarning manfaatingizni ko‘zlab bularni aytyapman. Toki sizlar fikringizni chalg‘itmasdan, sidqidildan Rabbimiz Isoga berilib, adabli hayot kechiringlar. Agar unashtirilgan kishi o‘z qaylig‘iga uylanmay, unga nisbatan noto‘g‘ri muomila qilyapman, deb o‘ylasa, hamda unga uylanishni qattiq xohlasa, o‘z bergan so‘zida turib, uylansin. Bu gunoh emas. Ammo u uylanishni ehtiyoj deb bilmay, o‘z qaylig‘iga uylanmaslikka qattiq qaror qilib, bu borada irodasini ko‘rsata olsa, bu ham yaxshi. Shunday qilib, o‘z qaylig‘iga uylangan kishi yaxshi ish qilgan bo‘ladi, uylanmagan esa undan ham yaxshiroq ish qilgan bo‘ladi. Xotin kishining eri tirik ekan, uning boshi bog‘liqdir. Agar eri o‘lsa, u istagan kishiga turmushga chiqishi mumkin, faqat u erkak Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lishi kerak. Ammo menimcha o‘sha ayol tulligicha qolsa, u yana ham baxtli bo‘ladi. Ishonamanki, menda ham Xudoning Ruhi bor. Butga qurbonlik qilingan go‘sht masalasiga kelsak. O‘zingiz aytgandek, hammamiz bu haqdagi haqiqatni bilamiz. Ammo bilim odamni shishintiradi, mehr–muhabbatli inson esa atrofidagilarning manfaatini ko‘zda tutadi. Agar bir kishi bilimliman deb o‘ylasa, u hali zarur bo‘lgan bilimga erishmagan. Kimki Xudoni yaxshi ko‘rsa, Xudo uni tanib–biladi. Endi butga qurbon qilingan go‘shtni yeyish masalasiga kelsak, biz shuni bilamizki, but dunyoda hech narsa emas, birgina Xudodan boshqa xudo yo‘q. Garchi yeru ko‘kda xudo deb atalgan narsalar ko‘p bo‘lsa–da (haqiqatan, bunaqa “xudolar” va “ rabbiylar ” juda ko‘p), biz uchun birgina Otamiz Xudo bor. U butun mavjudotning Yaratuvchisidir va biz U uchun yashaymiz. Shuningdek, birgina Rabbimiz Iso Masih bor. Butun mavjudot Masih orqali vujudga kelgan va biz U orqali yashaymiz. Ammo hamma ham bularni bilmaydi. Orangizda ba’zilar “butlar bor” degan fikrga shunchalik o‘rganib qolganki, butlarga bag‘ishlangan go‘shtni yeganda ularning vijdoni qiynaladi, chunki ular bunday go‘sht yeyishni hali ham butlarga sajda qilish, deb biladi. Oziq–ovqat bizni Xudoga yaqinlashtira olmaydi. Yemasak, biror narsa yo‘qotmaymiz, yesak ham biror narsa orttirib olmaymiz. Faqat ehtiyot bo‘ling, sizlarning bu erkinligingiz zaiflarning vasvasaga tushishiga sabab bo‘lmasin. Agar sen, bilimli odam bo‘la turib, butxonada taom yeb o‘tirsang, bu masala haqida ikkilanib turgan birodaring seni ko‘rib, butga bag‘ishlangan go‘shtdan yeyishga moyil bo‘lmaydimi? O‘sha zaif birodaring uchun Masih o‘lgan, sen esa uni o‘z biliming tufayli halokatga yo‘liqtirasan. Shunday qilib, ikkilanib turgan birodaringni vasvasaga solib, unga qarshi gunoh qilsang, Masihga qarshi gunoh qilgan bo‘lasan. Agar biror ovqatni yeyishim birodarimning gunoh qilishiga sabab bo‘lsa, uni vasvasaga solmaslik uchun endi men umrbod o‘sha ovqatni yemayman. Men ozod emasmanmi?! Men havoriy emasmanmi?! Rabbimiz Isoni ko‘rmaganmanmi?! Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatimning mahsuli sizlar emasmi?! Agar boshqalar uchun havoriy bo‘lmasam ham, hech bo‘lmasa sizlar uchun havoriydirman. Axir, sizlar Rabbimizga tegishli bo‘lganingiz uchun havoriyligimning muhrisizlar. Meni tanqid qilayotganlar oldida quyidagilar bilan o‘zimni oqlayman. Nahotki Rabbimiz yo‘lida qilgan xizmatimiz uchun tekin yeb–ichishga huquqimiz bo‘lmasa?! Nima, boshqa havoriylar kabi, Rabbimiz Isoning ukalari va Butrusga o‘xshab, imonli bir ayolga uylanib, uni yonimizda olib yurishga haqqimiz yo‘qmi?! Yoki faqatgina men bilan Barnabo kun kechirish uchun o‘z qo‘limiz bilan mehnat qilishimiz kerakmi?! Kim o‘z hisobidan askarlik qiladi?! Kim tok o‘tqazib, uning mevasini yemaydi?! Kim poda boqib, podaning sutini ichmaydi?! Bularni faqatgina insoniy nuqtayi nazardan aytayotganim yo‘q! Tavrot ham xuddi shunday buyuradi–ku! Mana, Tavrotda: “G‘alla yanchayotgan ho‘kizning og‘zini to‘smang”, deb yozilgan–ku. Nima, Xudo ho‘kizlar haqida qayg‘uryaptimi?! Yo‘q, Xudo buni bizning manfaatimiz uchun aytgan. Ha, bular biz uchun yozilgan. Shudgor qiluvchi ham, g‘alla yanchuvchi ham o‘z haqini olish umidi bilan ishlaydi–ku. Biz ruhiy jihatdan sizlarga xizmat ko‘rsatsak–da, moddiy yordamingizni bizga ko‘p ko‘rasizmi? Boshqalar sizlarning yordamingizdan bahramand bo‘layotgan ekan, bizning haqimiz ularnikidan ham ko‘proq emasmi?! Lekin biz bu huquqimizdan foydalanmadik. Aksincha, Masihning Xushxabariga to‘siq qo‘ymaylik deb, har narsaga chidab yuribmiz. Bilmaysizlarmi, ma’badda xizmat qiluvchi ruhoniylar ma’baddan ovqat olib yeydilar. Qurbongohda xizmat qiluvchilar keltiriladigan qurbonliklardan ulush oladilar. Shuningdek, Xushxabarni yoyish vazifasini bo‘yniga olganlar bu ishi orqali kun kechirishlari kerakligini Rabbimiz Isoning O‘zi buyurgan. Ammo men bu huquqlarimdan foydalanmadim va bundan faxrlanaman. Bu xatni o‘sha huquqimdan foydalanay, deb ham yozayotganim yo‘q. Menga faxrlanish huquqini berayotgan sababni yo‘qotishdan ko‘ra o‘lganim yaxshiroqdir. Men Xushxabarni yoyar ekanman, bu bilan maqtanishga haqqim yo‘q, chunki bu zimmamdagi vazifamdir. Ammo Xushxabarni yoymasam, mening holimga voy! Men buni o‘z tashabbusim bilan qilayotgan bo‘lsam, mukofotga loyiq bo‘lardim. Lekin mukofotga loyiq emasman, chunki bor–yo‘g‘i zimmamdagi vazifani bajaryapman, bu ishni qilishdan boshqa ilojim yo‘q. U holda mening mukofotim nima? Mukofotim shundaki, men Xushxabarni yoyganimda, hech kimdan biron narsa so‘ramayman. Shuning uchun Xushxabarni yoyish menga ba’zi bir huquqlarni bersa–da, ulardan foydalanmayman. Men qul emas, erkin inson bo‘lsam–da, hammaga qulday xizmat qildim. Yanada ko‘proq odam Isoning shogirdi bo‘lsin, deb shunday qildim. O‘sha maqsadimni ko‘zda tutib, Yahudiylar bilan birga bo‘lganimda Yahudiyday bo‘ldim, o‘zim Musoning qonuniga tobe bo‘lmasam–da, bu qonunga tobe bo‘lganlar orasida bo‘lganimda, xuddi ularday yashadim. Musoning qonunini bilmaganlar bilan birga bo‘lganimda, ular ham Isoning shogirdlari bo‘lsin, deb xuddi ularday yashadim. To‘g‘ri, men Xudoning qonunidan ozod emasman, Masihning amrlariga tobeman. Zaif insonlar ham Isoni tanisinlar deb, ularning orasida bo‘lganimda zaif insonday bo‘ldim. Hech bo‘lmasa ba’zilarni qay yo‘l bilan bo‘lsa–da qutqaray deb, hammaga hamma narsa bo‘ldim. Men bularning hammasini Xushxabarni yoyish niyatida qilaman, toki Xushxabar keltiradigan qut–barakalardan bahramand bo‘lay. Bilasizlar–ku, musobaqada ko‘p yuguruvchilar qatnashadi, ammo faqat bir kishi yutib, mukofot oladi. Sizlar ham shunday yuguringki, mukofotni qo‘lga kiritinglar. Axir, musobaqada qatnashadigan odam o‘z nafsini tiyib, tartib–intizom bilan mashq qiladi–ku! Ular so‘lib qoladigan toj olish uchun shunday qiladilar, biz esa boqiy toj olish uchun harakat qilamiz. Shuning uchun men maqsadsiz yugurmayman, kurashganimda zarbalarim aniq bo‘ladi. Tanamni chiniqtirib, uni o‘z ixtiyorimga bo‘ysundiraman, toki boshqalarga Xushxabarni va’z qilib turib, o‘zim mukofotga noloyiq bo‘lib qolmayin. Birodarlar, ota –bobolarimizning tarixini yodingizga solmoqchiman. Ularning hammasi bulut ostida cho‘lni kezib, Qizil dengizdan o‘tdilar. Ular bulut ostida kezib, Qizil dengizdan o‘tganda, go‘yo suvga cho‘mdirilganday bo‘lib, Musoning izdoshlari bo‘ldilar. Mo‘jiza orqali ularning hammasiga bir xil ovqat berildi. Mo‘jiza orqali hammasiga ichish uchun suv berildi. Mo‘jiza orqali ular qoyadan suv olib ichdilar. O‘sha qoya Masihning timsoli edi. Yurgan yo‘llarida Masih ular bilan birga edi. Garchi shunday bo‘lsa ham, ularning deyarli hammasi Xudoni norozi qildi, shuning uchun Xudo itoatsizlarini sahroda halok qildi. Ularning boshiga tushgan ko‘rgiliklar bizga ibrat bo‘ldi, toki biz ham ularga o‘xshab yovuzlik payida bo‘lmaylik. Ularning ba’zilariga o‘xshab, butparast bo‘lmanglar. Ular haqida shunday yozilgan–ku: “Xalq o‘tirib yeb–ichgandan keyin ko‘ngilxushlik qildi.” Ularning ba’zilariga o‘xshab jinsiy axloqsizlikka berilmaylik. Ular axloqsizlik qilganlari uchun bir kunda yigirma uch mingtasi nobud bo‘ldi. Masihni sinamaylik, chunki ulardan ba’zilari shunday qilib, ilonlarning zahridan halok bo‘ldilar. Hech nolimanglar. Ulardan ba’zilari ming‘irlab, nolidilar, shuning uchun Azroil ularni urib, nobud qildi. Ular boshidan kechirgan bu hodisalar bizlarga ibrat bo‘ldi. Zamon oxirlashib qolgan paytda yashayotganlarga, ya’ni bizlarga saboq bo‘lishi uchun bu hodisalar Muqaddas Bitiklarda yozib qoldirilgan. Shuning uchun mahkam turibman, deb o‘ylagan odam ehtiyot bo‘lsin, tag‘in qoqilib yiqilmasin. Sizlar tushgan vasvasa boshqalarning ham boshiga tushgan. Ammo Xudo sodiqdir, U kuchingizdan ortiq vasvasaga tushishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Vasvasaga bardosh bera olishingiz uchun, kerakli paytda vasvasadan qutilish yo‘lini ham beradi. Ey aziz birodarlarim, butparastlikdan o‘zingizni olib qoching! Men sizlarni aqli raso odamlar, deb bilib gapiryapman. Aytayotganlarimga o‘zingiz baho beringlar. Biz dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tirganimizda, Xudoga shukr aytib qutlug‘ kosadan ichganimizda Masihning to‘kilgan qoniga sherik bo‘lamiz, nonni bo‘lishib yeganimizda esa Uning qurbon qilingan tanasiga sherik bo‘lamiz–ku! Bitta nonni bo‘lishib yeganimizday, biz hammamiz, ko‘pchilik bo‘lsak–da, bir tanani hosil qilamiz. Isroil xalqiga qaranglar! Qurbongohdagi qurbonliklardan tanovul qilish ular uchun Xudoga sajda qilish degani–ku! Men bu bilan nima demoqchiman o‘zi? Butga bag‘ishlangan qurbonlikning ham biror ahamiyati bormi? Butning o‘zi ham biror ahamiyatga egami? Yo‘q! Butparastlar qurbonlik keltirganlarida, aslida qurbonlikni xudo deb atalgan butlarga emas, balki jinlarga bag‘ishlagan bo‘ladilar. Jinlarga sherik bo‘lishingizni men xohlamayman. Sizlar, ham Rabbimiz Isoning kosasidan, ham jinlarning kosasidan icha olmaysizlar. Ham Rabbimiz dasturxonidan, ham jinlarning dasturxonidan bahramand bo‘la olmaysizlar. Nahotki Rabbimiz Isoning rashkini qo‘zg‘atmoqchi bo‘lsangiz? Nahotki sizlar Undan ham qudratliroq bo‘lsangiz?! Ba’zilaringiz: “Inson xohlaganini qilishga haqli”, deb aytyapsiz. To‘g‘ri, lekin hamma narsa ham foydali emas. Inson xohlaganini qilishga haqqi bor, lekin hamma narsa ham manfaat keltirmaydi. Hamma birinchi o‘rinda o‘zining emas, boshqalarning manfaatini ko‘zda tutsin. Bozordagi go‘sht qayerdan kelgani haqida so‘rab, surishtirmay, pok vijdon bilan yeyaveringlar. Axir Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan–ku: “Egamiznikidir zamin, undagi butun borliq.” Agar Masihni bilmagan birorta odam sizlarni uyiga chaqirsa va siz u yerga boradigan bo‘lsangiz, oldingizga qo‘yilgan hamma narsani qayerdan kelganini so‘rab–surishtirmay, pok vijdon bilan yeyaveringlar. [28-29] Lekin bir birodar sizga: “Bu qurbonlik go‘shti”, deb aytsa, unda o‘sha aytgan odam haqqi va uni vasvasaga solmaslik uchun o‘sha go‘shtni yemanglar. Go‘sht yeyish siz uchun gunoh bo‘lmasa ham, o‘sha odam uchun gunoh, u go‘shtni yesa, vijdoni qiynaladi. Ammo men bu go‘shtni yemasam ham erkinligim cheklanib qolmaydi. *** Agar men Xudoga shukrona aytib ovqatni tanovul qilsam, o‘sha ovqatni yeganim uchun malomatga qolmayman. Shunday qilib, yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangizlar ham, hammasini Xudoni ulug‘lash uchun qilinglar. Yahudiylaru g‘ayriyahudiylarni, Xudoni biladiganu bilmaydiganlarni o‘ylab ish tuting. Men ham o‘z manfaatimni emas, boshqalarning manfaatini ko‘zlayapman, ular najot topsin deb, turli yo‘l bilan hammaning ko‘nglini topishga harakat qilaman. Men Masihdan o‘rnak olganimday, sizlar ham mendan o‘rnak olinglar. Doim meni eslab turganlaringiz va men sizlarga o‘rgatgan urf–odatlarga amal qilayotganlaringiz uchun sizlarni maqtasam arziydi. Lekin bilinglarki, ayol erkakdan yaratilgan, har bir erkakning hayot manbayi Masihdir, Masihning hayot manbayi esa Xudodir. Boshini yopib ibodat qilgan yoki boshini yopgan holda boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazgan har bir erkak Masihni sharmanda qilgan bo‘ladi–ku! Ayol kishi boshiga hech narsa o‘ramay ibodat qilsa yoki Xudoning so‘zini gapirsa, erkaklarga isnod keltiradi, axir, boshini yopmaslik sochini qirib tashlash bilan barobar–ku! Agar ayol kishi boshiga biror narsa o‘rashni xohlamasa, mayli, sochini kesib tashlayversin. Agar kalta soch va qirilgan bosh ayol kishining sharmanda ekanligini ko‘rsatsa, ayollar boshlariga ro‘mol o‘rasinlar. Erkak kishi boshini yopmasligi kerak, chunki u Xudoning suratida yaratilgan va Uning ulug‘vorligini aks ettiradi. Ayol kishi esa erkak kishining ulug‘vorligini aks ettiradi. Axir, erkak ayoldan emas, balki ayol erkakdan yaratilgan. Erkak ayol kishi uchun emas, balki ayol erkak uchun yaratilgan. Sizlarga shuni aytmoqchiman: ayol kishi boshiga biror narsa o‘raydimi yoki yo‘qmi, bu haqda o‘zi qaror qilishga haqqi bor. Farishtalar sababli ham bu gap to‘g‘ri. Holbuki, Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganlar orasida ayol kishi erkakdan mustaqil emas, erkak kishi esa ayoldan mustaqil emas. Ayol kishi erkakdan yaratilgani to‘g‘ri, lekin o‘sha paytdan beri har bir erkak ayol kishidan tug‘ilgan. Aslida esa butun borliqning manbayi Xudodir. O‘zingiz o‘ylab ko‘ringchi, ayol kishi boshini yopmay Xudoga ibodat qilishi to‘g‘rimi? Erkak kishining sochlari uzun bo‘lsa, bu erkak uchun sharmandalik ekanligini tabiatning o‘zi o‘rgatadi–ku! Xuddi shunga o‘xshab, ayol kishining sochi uzun bo‘lsa, bu ayol kishi uchun sharaf emasmi?! Axir, uzun soch boshiga ro‘mol o‘rash kerakligini ko‘rsatadi. Agar birortasi bu masaladagi yo‘l–yo‘riqlarim haqida bahslashmoqchi bo‘lsa, bilsinki, Xudoning jamoatlarida biz aytib o‘tganlardan boshqa urf–odatlar yo‘q. Quyidagi masalalarga kelganda esa sizlarni maqtay olmayman. Yig‘ilishlaringiz foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirayotgan ekan. Avvalo, siz — imonlilar birga yig‘ilganingizda har xil guruhlarga bo‘linar ekansiz, bunga qisman bo‘lsa ham ishonaman. To‘g‘ri, kelishmovchiliklarning oldini olib bo‘lmaydi. Axir, kelishmovchilik bo‘lgandagina orangizda kim to‘g‘ri fikr qilayotgani bilinadi. Sizlar birga yig‘ilganingizda hech ham Rabbimiz Isoni xotirlayotganga o‘xshamaysiz. Chunki hamma o‘zi olib kelgan ovqatini o‘zi tanovul qilayotgan ekan. Shunday qilib, ba’zilar och qolayotgan ekan, ba’zilar esa mast bo‘lib qolayotgan ekan. Nahotki yeyish va ichish uchun uylaringiz bo‘lmasa?! Yoki Xudoning jamoatini pisand qilmay, yo‘qsillarni hijolatda qoldirmoqchimisizlar? Sizlarga yana nima aytayin? Sizlarni maqtaymi? Yo‘q, sizlarni bu xususda maqtamayman. Men sizlarga bergan yo‘l–yo‘riqlarni Rabbimiz Isodan o‘rganganman. Rabbimiz Iso xoinona tarzda tutib berilgan kechada qo‘liga non olgandi–da, shukrona duosini aytib, sindirgan va shunday degan edi: “Bu non Mening tanamni bildiradi. Tanam sizlar uchun fido bo‘ladi. Birgalikda non sindirib yeganingizda Meni xotirlanglar.” Ovqatlanib bo‘lganlaridan keyin, Iso yana shukrona aytib, sharob quyilgan kosani oldi–da, shunday dedi: “Bu kosa Xudoning yangi ahdini bildiradi. Bu ahd sizlar uchun to‘kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. Birgalikda kosadan sharob ichganingizda Meni xotirlanglar.” Har safar birgalikda shu tarzda non yeb, sharob ichar ekansiz, Rabbimiz kelguniga qadar Uning o‘limini e’lon qilayotgan bo‘lasizlar. Shunday qilib, kimda–kim adabsiz ravishda bu nondan yesa yoki Rabbimizning kosasidan ichsa, Rabbimizning tanasi va qoniga qarshi gunoh qilgan bo‘ladi. Shuning uchun har bir kishi o‘z–o‘zini tekshirib ko‘rsin, shundan so‘nggina nondan yesin va sharobdan ichsin. Rabbimizning tanasini pisand qilmasdan yeb–ichgan odam o‘zini o‘zi mahkum qilgan bo‘ladi. Mana shu sababdan ko‘plaringiz zaif va xastasizlar, hatto ba’zilar o‘lib ketgan. Agar o‘zimizni o‘zimiz yaxshilab tekshirganimizda edi, mahkum bo‘lmas edik. Dunyo bilan birga mahkum bo‘lmasligimiz uchun Rabbimiz Iso bizni hukm qilib, adabimizni beryapti. Shuning uchun, birodarlarim, Rabbimizni xotirlash niyatida birgalikda yeb–ichish uchun yig‘ilganingizda, bir–biringizni kutib turinglar. Agar biror kishi och bo‘lsa, o‘z uyida ovqat yeb kelsin. Shunda yig‘ilishga kelganingizda mahkum bo‘lishingizga sabab bo‘lmaydi. Qolgan masalalar haqida oldingizga borganimdan keyin yo‘l–yo‘riq ko‘rsataman. Ey birodarlarim, endi Muqaddas Ruh beradigan in’omlar masalasiga kelsak, bu haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lishingizni xohlayman. Esingizdami, sizlar Xudosiz bo‘lgan paytlaringizda yo‘ldan ozib, gung butlarga sajda qilar edingiz. Shuning uchun quyidagilarni bilishingizni xohlayman. Xudoning Ruhidan ilhom olayotgan hech kim Isoni la’natlamaydi, shuningdek, hech kim Muqaddas Ruhning ilhomisiz Isoni Rabbim, deb ayta olmaydi. Ruh beradigan in’omlar har xildir, ammo Ruh birdir. Xizmat qilish yo‘llari har xildir, Rabbimiz Iso esa birdir. To‘g‘ri, xizmatlar har xildir, lekin odamlarning hayotida ularni yuzaga keltirayotgan Xudo birdir. Umumiy manfaat uchun Muqaddas Ruh har kimda o‘ziga xos ravishda namoyon bo‘ladi. Bir odamga Ruh orqali donolik bilan gapirish qobiliyati beriladi, boshqa birovga esa xuddi shu Ruh orqali ilm–ma’rifatga to‘la so‘zlarni gapirish qobiliyati beriladi. O‘sha Ruh orqali kimgadir kuchli bir imon beriladi, boshqa birovga esa shifo berish in’omi beriladi. Ba’zilarga mo‘jizalar ko‘rsatish qobiliyati, boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazish in’omi berilgan. Yana boshqalarga esa ruhlarning farqiga borish in’omi berilgan. Kimgadir noma’lum tillarda gapirish in’omi berilgan bo‘lsa, boshqalarga bu tillarni ta’bir qilish in’omi berilgan. Bularning hammasini Muqaddas Ruh bajo qiladi. Har bir insonga Ruhning O‘zi loyiq ko‘rgan in’omni ato qiladi. Tana bir bo‘lsa–da, uning a’zolari esa ko‘p. Xuddi shuningdek, tana a’zolari ko‘p bo‘lsa–da, ularning hammasi bir tanani tashkil qiladi. Masihning tanasi, ya’ni jamoat ham shundaydir. Axir, biz hammamiz — yahudiylaru yunonlar, qullaru ozod bo‘lganlar, bir tana bo‘lishimiz uchun bir Muqaddas Ruhga cho‘mdirildik. Hammamiz o‘sha bir Ruhga to‘lib–toshganmiz. Zotan badan bir a’zodan emas, balki ko‘p a’zolardan iborat. Oyoq: “Men qo‘l emasman, shuning uchun tanaga tegishli emasman”, degani bilan tanaga tegishli bo‘lmay qoladimi?! Quloq ham: “Men ko‘z emasman, shuning uchun tanaga tegishli emasman”, degani bilan tanaga tegishli bo‘lmay qoladimi?! Axir, butun tana ko‘z bo‘lsa, qanaqa qilib eshitadi? Agar butun tana quloq bo‘lsa, qanaqa qilib hidlay oladi? Axir, Xudo tana a’zolarining har birini O‘zi xohlagan joyiga qo‘ygan. Agar ularning hammasi birgina a’zo bo‘lganda, tana bo‘larmidi?! Shunday qilib, tana a’zolari ko‘p, lekin tana birdir. Ko‘z qo‘lga: “Sen menga kerak emassan”, deb ayta olmaydi, bosh ham oyoqlarga: “Sizlar menga kerak emassizlar”, deya olmaydi–ku! Aksincha, ojiz tuyulgan tana a’zolari eng kerakli a’zolardir. Biz tanamizning uyatli hisoblangan a’zolariga e’tibor berib, ularni yopib yuramiz. Ko‘rimsiz tuyulgan tana a’zolarimizga diqqat–e’tibor qilamiz. Uyatli bo‘lmagan tana a’zolarimizga bunday e’tibor berishimizning hojati yo‘q. Xudo tanamizni shunday yaratganki, hurmat–e’tiborsiz a’zolarga ko‘proq izzat–e’tibor beriladi. Shunday qilib, tana a’zolarida orasida kelishmovchilik bo‘lmaydi, balki barcha a’zolar bir–biriga g‘amxo‘rlik qiladi. Agar bir a’zo azob cheksa, qolgan barcha tana a’zolari u bilan birga azob chekadi. Agar bir a’zo yuksalsa, qolgan barcha a’zolar u bilan birga sevinadi. Endi sizlar Masihning tanasisizlar, har biringiz tananing alohida bir a’zosisiz. Shu tariqa, Xudo imonlilar jamoatiga birinchidan havoriylarni, ikkinchidan payg‘ambarlarni, uchinchidan muallimlarni tayinlab berdi. Keyin ba’zilarga mo‘jiza ko‘rsatish qobiliyatini, boshqalarga esa shifo berish in’omini, yana boshqalarga yordam berish, boshqarish, noma’lum tillarda gapirish qobiliyatlarini ato qildi. Hamma havoriymi?! Hamma ham Xudoning so‘zlarini yetkaza oladimi?! Hamma ham muallimmi?! Hamma mo‘jiza ko‘rsatadimi?! Hammada shifo berish in’omi bormi?! Hamma ham noma’lum tillarda gapirish qobiliyatiga egami?! Hamma ham noma’lum tillarda aytilganlarni talqin qila oladimi?! Sizlar ulug‘roq in’omlarga ega bo‘lishga intilinglar. Endi sizlarga eng oliy yo‘lni ko‘rsataman. Agar men insonlarning va farishtalarning tillarida gapirsam–u, lekin sevgim bo‘lmasa, jaranglaydigan mis cholg‘u, yangraydigan zang bo‘lib qolaman. Agar menda Xudoning so‘zini yetkazish in’omi bo‘lsa, butun sirlardan voqif bo‘lib, har qanday bilimga ega bo‘lsam, agar tog‘larni ko‘chiradigan imonga ega bo‘lsam–u, lekin sevgim bo‘lmasa, men hech narsaga arzimas inson bo‘lib qolaman. Bor mulkimni muhtojlarga taqsimlab bersam, menga sharaf keltirsin deb, hatto qiynoqlarga rozi bo‘lsam–da, lekin sevgim bo‘lmasa, bularning menga foydasi yo‘q. Sevgi sabr–toqatli va mehribondir. Sevgi hasad qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi. Sevgi odobsizlik qilmaydi, xudbinlik qilmaydi, achchiqlanmaydi, kek saqlamaydi. Sevgi nohaqlikdan sevinmaydi, aksincha, haqiqat qaror topganda shodlanadi. Sevgi har narsani ko‘taradi, hech qachon ishonchini yo‘qotmaydi, har sharoitda umid saqlaydi, har narsaga toqat qiladi. Xudoning so‘zini yetkazish in’omi ham, noma’lum tillarda gapirish in’omi ham yo‘q bo‘ladi, bilim ham bartaraf bo‘ladi. Sevgi esa aslo ado bo‘lmaydi. Mana, hozir bilimimiz to‘liq emas, Xudoning so‘zini yetkazish qobiliyatimiz ham cheklangan. Kamolot zohir bo‘lganda esa to‘liqsiz narsalar bartaraf bo‘ladi. Bolalik paytlarimda men bola kabi gapirardim, bola kabi fikr qilardim, bola kabi mulohaza qilar edim. Voyaga yetgach, bolalikni tashladim. Shu singari, biz hozir xira oyna orqali ko‘rganday bo‘lyapmiz, ammo vaqti kelganda aniq ko‘ramiz. Hozirgi bilganlarim to‘liq emas. O‘sha paytda esa Xudo meni to‘liq bilgani kabi, men ham hamma narsani to‘liq tushunaman. Mana bu uch narsa bor: ishonch, umid va sevgi. Sevgi esa eng a’losidir. Sevgining payida bo‘linglar, shuningdek, Muqaddas Ruh beradigan in’omlarni olishga, ayniqsa insonlarga Xudoning so‘zini yetkazishga intilinglar. Kim noma’lum tilda gapirsa, insonlarga emas, Xudoga gapiradi, chunki uni hech kim tushunmaydi. U Ruhdan ilhomlanib, sirlarni gapiradi. Xudoning so‘zini yetkazadiganlar esa odamlarni imonda mahkam turishga undaydilar, ularga dalda beradilar, yupatadilar. Odam noma’lum tilda gapirganda, faqatgina o‘zining imonini mustahkamlaydi. Xudoning so‘zini odamlarga yetkazadigan inson esa butun jamoatning imonini mustahkamlaydi. Hammangizning ham noma’lum tillarda gapirishingizni istayman, lekin boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazadigan inson bo‘lishingizni undan ham ko‘proq xohlayman. Chunki Xudoning so‘zini aytish odamlarga ko‘proq foyda keltiradi, lekin noma’lum tilda gapirganning so‘zlari talqin qilinsa, bu ham jamoatning imonini mustahkamlaydi. Xo‘sh, birodarlarim, men sizlarning oldingizga kelib, noma’lum tilda gapirsam–da, lekin aytganlarim sizlarga hech qanday tushuncha, bilim bermasa, Xudoning so‘zini yetkazmasa va yo‘l–yo‘riq ko‘rsatmasa, men sizlarga qanday foyda keltirgan bo‘laman? Hatto jonsiz cholg‘u asboblari ham, masalan, nay yoki chang, farqli bir sado chiqarmasa, nay yoki changda qanday musiqa chalinayotganini odam qayerdan biladi? Agar burg‘u noaniq bir sado bersa, kim jangga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi? Shunga o‘xshab, agar sizlarning gapingiz tushunarsiz bo‘lsa, tinglovchilaringiz nima gapirganingizni qanday bilib oladilar? Sizlar havoga gapirganday bo‘lasizlar. Dunyoda tillar ko‘p va xilma–xildir, ulardan birortasi ham ma’nosiz emas. Agar men biror tilni tushunmasam, u tilda gapirayotgan odam uchun men ajnabiyman, u ham men uchun ajnabiydir. Modomiki sizlar Ruh beradigan in’omlarga ega bo‘lishga intilayotgan ekansizlar, butun jamoatning imonini mustahkamlaydigan in’omga boy bo‘lish payida bo‘linglar. Shuning uchun noma’lum tilda gapirgan odam o‘zining aytganlarini talqin qilish qobiliyatini olish uchun ham ibodat qilsin. Agar men noma’lum tilda ibodat qilsam, ruhim ibodat qiladi, ongim esa bunda ishtirok etmaydi. Xo‘p, bundan qanday xulosa chiqaraman? Ruhim bilan ibodat qilaman, ongim bilan ham ibodat qilaman. Ruhim bilan hamdu sano aytaman, ongim bilan ham hamdu sano aytaman. Aks holda, agar sen ruhing bilan noma’lum tilda hamdu sano aytsang, atrofingdagilar qanday qilib sening shukrona ibodatingga qo‘shilib “omin”, deb ayta oladi? Ular sening aytayotganlaringni tushunmaydi–ku! Shu tarzda shukrona aytganlaring yaxshi, lekin bu atrofingdagilarning imonini mustahkamlamaydi–ku! Xudoga shukurki, noma’lum tillarda men hammangizdan ham ko‘proq gapiraman. Imonlilar jamoatida esa noma’lum tilda minglab so‘zlarni gapirgandan ko‘ra, boshqalarga nasihat qilish uchun tushunarli beshtagina so‘z aytishni afzal bilaman. Ey, birodarlarim, yosh bolalarday fikr qilmanglar. Aksincha, yomonlikka kelganda chaqaloqdek bo‘lib, aql–idrokka kelganda esa yetuk insonlar bo‘linglar. Muqaddas Bitiklarda quyidagiday yozilgan: “Egamiz shunday demoqda: ‘Men bu xalqqa o‘zga tillarda, Begona xalqlarning og‘zi orqali gapiraman, Ammo shunda ham ular Menga quloq solmaydilar.’” Demak, noma’lum tillar imonlilar uchun emas, balki imonsizlar uchun alomatdir. Xudoning so‘zini yetkazish in’omi esa imonsizlar uchun emas, imonlilar uchun alomatdir. Agar imonlilar jamoati bir joyda yig‘ilib, hammasi noma’lum tillarda gapirayotgan bo‘lishsa, u yerda bundan bexabar bo‘lganlar, ya’ni imonsizlar bo‘lsa, ular: “Bular jinni bo‘lib qolibdi”, deb aytmaydimi?! Ammo hamma Xudoning so‘zini tushunarli ravishda boshqalarga yetkazib berayotgan bo‘lsa, u yerdagi bundan bexabar bo‘lgan, ya’ni imonsiz odam ularning aytayotganlarini eshitadi. Shundan keyin yuragini tekshirib ko‘radi–da, gunohkor ekanligiga amin bo‘ladi. Uning yuragidagi sirlari fosh bo‘ladi. Shunda u muk tushib: “Chindan ham Xudo sizlar bilan ekan”, deydi–da, Xudoga sajda qiladi. Endi, birodarlar, bundan qanday xulosa chiqaramiz? Birga yig‘ilganingizda, ba’zilar sano aytadi, ba’zilar ta’lim beradi, ba’zilar Xudoning so‘zini boshqalarga yetkazadi, ba’zilar noma’lum tillarda gapiradi, yana ba’zilar esa ularning aytganlarini talqin qiladi. Bularning hammasi imonlilar jamoatining imonini mustahkamlash niyatida qilinsin. Agar ba’zilar noma’lum tillarda gapirmoqchi bo‘lsa, ikki kishi, eng ko‘pi bilan uch kishi navbat bilan gapirsin, ularning aytganlari talqin qilinsin. Agar ta’bir qiluvchi bo‘lmasa, noma’lum tilda gapirayotgan odam jamoatda jim tursin, o‘ziga va Xudoga gapirsin. Shuningdek, ikki yoki uchta odam boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazsin, qolganlar esa aytilganlarga baho bersinlar. O‘tirganlardan biriga Xudoning so‘zi kelsa, o‘sha paytda gapirayotgan odam jim bo‘lsin. Shunda hamma birin–ketin Xudoning so‘zini boshqalarga yetkaza oladi, toki hamma ta’lim va dalda olsin. Xudoning xabarini yetkazayotganda inson o‘z ruhini boshqara oladi. Axir, Xudo tartibsizlik Xudosi emas, balki tinchlik Xudosidir. Barcha jamoatlarda, Xudoning aziz xalqi orasida bu namoyon bo‘lib turibdi. Jamoatda ayollar sukut saqlasin. Axir, ularga gapirish uchun ijozat berilmagan, Muqaddas Bitiklarda yozilganiday, ular itoatkor bo‘lishlari kerak. Agar ular biror narsani bilmoqchi bo‘lsalar, uyda o‘z erlaridan so‘rasinlar. Imonlilar jamoatida ayol kishining gapirishi adabsizlikdir. Ey, Korinflik birodarlar, Xudoning so‘zi sizdan kelib chiqqanmi?! Nahotki u faqatgina sizlarga yetib borgan bo‘lsa?! Agar biror kishi: “Menda Xudoning so‘zini yetkazish in’omi bor” yoki “Ruhdan maxsus bir in’om olganman”, deb o‘ylasa, mening yozganlarim Rabbimiz Isoning amri ekanligini e’tirof etsin. Agar ular buni tan olmasalar, Xudo ham ularni tanimaydi. Shunday ekan, birodarlarim, boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazishga intilinglar, boshqalarning noma’lum tillarda gapirishlariga to‘sqinlik qilmanglar. Faqat hammasi adab va tartib bilan qilinsin. Birodarlarim, men o‘zim sizlarga yetkazgan Xushxabarning mohiyatini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Sizlar bu Xushxabarni qabul qilgansiz, u imoningizning asosidir. O‘sha Xushxabar orqali qutqarilasiz, ammo sizlar men aytgan o‘sha Xushxabar orqali yetishgan imoningizda mahkam turishingiz kerak, aks holda bekorga ishongan bo‘lasizlar. Menga berilgan eng muhim ta’limotni sizlarga yetkazdim. Bu ta’limot quyidagichadir: Muqaddas Bitiklarga muvofiq, Masih gunohlarimiz uchun o‘lgan. Keyin U dafn qilindi, uchinchi kuni esa tirildi. Bularning hammasi Muqaddas Bitiklarga muvofiq sodir bo‘ldi. Avval U Butrusga, so‘ngra o‘n ikki shogirdiga ko‘rindi. Undan keyin bir vaqtning o‘zida besh yuzdan ko‘proq birodarlarga ko‘rindi. Ularning aksariyati hozirga qadar tirik, ba’zilari esa dunyodan ko‘z yumib ketganlar. Undan so‘ng Masih Yoqubga va qolgan barcha havoriylarga ko‘rindi. Va nihoyat, menga ham ko‘rindi, men rivojlanmay qolgan bir homiladay edim. Axir, havoriylarning eng arzimaydiganiman, havoriy deb atalishga ham loyiq emasman, chunki Xudoning jamoatini quvg‘in qilardim. Ammo Xudoning inoyati tufayli endi havoriyman. Uning menga ko‘rsatgan inoyati zoye ketmadi, zero, men havoriylarning hammasidan ham ko‘proq mehnat qildim. Lekin aslida mehnat qilgan men emas, balki Xudoning inoyatidir. Nima bo‘lsa ham, Xushxabarni sizlar mendan eshitgansizlarmi yoki boshqalardanmi, farqi yo‘q, chunki biz bir Xushxabarni va’z qilamiz, sizlar esa unga ishonasiz. Masih o‘likdan tirilgan, deb va’z qilinayotgan ekan, qanday qilib ba’zilaringiz, o‘likdan tirilish, degan narsa yo‘q, deb aytyapsizlar?! Axir, o‘likdan tirilish bo‘lmasa, Masih ham tirilmagan ekan–da! Masih tirilmagan bo‘lsa, Xushxabarni va’z qilishimiz bekor, sizlarning imoningiz ham bekor. Agar rostdan ham o‘liklar tirilmasa va Masihni Xudo tiriltirmagan bo‘lsa, bunday holda, biz Xudo haqida yolg‘on shohidlik bergan bo‘lamiz, chunki biz: “Xudo Masihni tiriltirdi”, deb shahodat berib yuribmiz. Axir, o‘liklar tirilmas ekan, Masih ham tirilmagan bo‘ladi. Agar Masih tirilmagan bo‘lsa, sizlarning imoningiz behuda, sizlar hali ham gunohga botganingizcha yuribsizlar. Shunday bo‘lsa, Masihga ishongan holda hayotdan ko‘z yumganlar butunlay halok bo‘lib ketibdilar–da! Agar biz yolg‘iz bu hayot uchun Masihga umid bog‘lagan bo‘lsak, biz eng baxtsiz insonlar ekanmiz. Vaholanki, Masih rostdan ham tirildi! U birinchi bo‘lib tirildi, shu tariqa o‘likdan tiriladiganlarning orasida hosilning ilk samarasiday bo‘ldi. O‘lim bir inson orqali dunyoga kirdi. Shunga o‘xshab, o‘liklarning tirilishi ham bir inson orqali sodir bo‘ladi. Axir, bu dunyoga o‘lim Odam Ato tufayli kirib keldi, endi Iso Masih orqali hamma tiriladi. Hamma narsa o‘z navbati bilan sodir bo‘ladi: mana, Masih birinchi bo‘lib tirildi, Masih kelganda esa Unga tegishli bo‘lganlar tiriladi. Shundan so‘ng, Masih har qanday hokimiyatni, hukmronlik va qudratni barbod qilib, saltanatni Samoviy Ota — Xudoga topshirganda oxirat bo‘ladi. Masihning hamma dushmanlari Uning oyoqlari ostiga poyandoz qilinmaguncha, U hukmronlik qilishi kerak. Shunda oxirgi dushman — o‘lim ham barham topadi. Axir, Xudo hamma narsani Masihga tobe qildirib, Uning oyoqlari ostiga tashlagan. Garchi Muqaddas Bitiklarda: “Butun borliq Unga tobe bo‘ldi”, deb yozilgan bo‘lsa–da, borliqni Unga tobe qilgan Xudo bundan istisnodir. Hamma narsa Masihga tobe qildirilgandan keyin, O‘g‘il ham O‘ziga hamma narsani tobe qildirgan Xudoga tobe bo‘ladi, toki Xudo borliqning ustidan butunlay hukmron bo‘lsin. Ba’zilaringiz o‘lganlar uchun suvga cho‘mdirilayotgan ekansiz. O‘liklar tirilmas ekan, ularning o‘rniga cho‘mdirilishning qanday foydasi bor? Xo‘sh, nima uchun bizlar har daqiqa o‘z hayotimizni xavf–xatar ostiga qo‘yyapmiz? Har kuni o‘limga ro‘baro bo‘layotganim rost! Birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih sizlarning hayotingizda qilayotgan ishlaridan faxrlanayotganim chin bo‘lganiday, aytayotgan gaplarimda ham biror yolg‘on yo‘q. Agar faqatgina bu dunyoga umid bog‘lagan bo‘lsam, nima uchun Efes shahrida hayotimni xavf ostiga qo‘ydim?! Agar o‘liklar tirilmas ekan, unda “kelinglar, yeb–ichib qolaylik, erta–indin o‘lib ketamiz–ku” deyish o‘rinli bo‘lmaydimi?! Lekin adashmanglar, axir, “yomon ulfatlar yaxshi axloqni buzadi”, deyishadi–ku! Ko‘zlaringizni ochib, o‘zingizga kelinglar! Bas endi, gunoh qilavermanglar. Ko‘rinib turibdiki, ba’zilaringiz Xudoni bilmaysizlar. Sizlarni uyaltiray, deb bularni aytyapman. Ehtimol, biror kishi: “O‘liklar qanday qilib tirilarkan? Ularning tanalari qanaqa bo‘larkan?” deb so‘rar. Qanday ahmoqona savol–a bu! Axir, ekilgan urug‘ o‘lmasa, o‘simlik o‘sib chiqmaydi–ku! Bug‘doy bo‘ladimi yoki boshqa biror narsami, ekin ekkaningda, o‘sib chiqadigan o‘simlikni emas, uning urug‘ini ekasan–ku! Xudo uruqqa O‘zi istagan bir jismni bag‘ishlaydi, har bir urug‘dan alohida bir jismni hosil qiladi. Ko‘rib turibmizki, jonzotlarning ham tanalari har xil, insonlarniki boshqacha, hayvonlarniki boshqacha, qushlarniki boshqacha, baliqlarniki boshqacha. Samoviy va dunyoviy jismlar ham bor. Lekin samoviy jismlarning ko‘rki boshqa, dunyoviylarniki boshqa. Quyoshning ko‘rki boshqa, oyning ko‘rki boshqa hamda yulduzlarning ko‘rki boshqa. Axir, yulduzlar ham o‘z ko‘rkiga yarasha bir–biridan farq qiladi. O‘liklarning tirilish jarayoni ham quyidagiga o‘xshaydi: ekilgan urug‘dan o‘simlik o‘sib chiqqanday, o‘ladigan tanamiz o‘lmaydigan bo‘lib tiriladi. Hozirgi ojiz va xor bo‘lgan tanamiz, qudratu ulug‘vorlikka to‘la ravishda tiriladi. Hozirgi tanamiz moddiy bir jism bo‘lsa, tiriladigan tanamiz ruhiy bir tana bo‘ladi. Axir, moddiy tana bor ekan, ruhiy tana ham bor–da! Muqaddas Bitiklarda yozilgani bo‘yicha: “Birinchi odam — Odam Ato tirik jon bo‘ldi”. Oxirgi Odam Ato, ya’ni Iso Masih esa hayotbaxsh ruh bo‘ldi. Mana shundan ko‘rinib turibdiki, ruhiy tana emas, moddiy tana birinchi kelgan. Moddiy tana o‘tib ketgandan keyingina, ruhiy tana keladi. Birinchi odamning tanasi moddiy jismdir, u tuproqdan yaratilgan, ikkinchi Odam, ya’ni Masih esa samoviydir. Tuproqdan yaratilgan ilk odam qanday bo‘lsa, qolgan hamma odamlar ham shundaydir. Samoviy Odam, ya’ni Masih qanday bo‘lsa, samodagilar ham xuddi Unga o‘xshaydilar. Biz tuproqdan yaratilgan odamga o‘xshar ekanmiz, bir kun kelib samoviy Odamga ham o‘xshagan bo‘lamiz. Ey, birodarlar! Sizlarga quyidagilarni aytmoqchiman. Qon va etdan iborat bo‘lgan tanalarimiz Xudoning Shohligidan bahramand bo‘la olmaydi. Bu foniy tana mangu hayotga ega bo‘la olmaydi. Mana, men sizlarga bir sirni bildirmoqchiman: biz hammamiz ham o‘lmaymiz, ammo hammamiz o‘zgaramiz. To‘satdan, ko‘z ochib yumguncha, oxirzamon karnayi chalinganda o‘zgaramiz. Ha, karnay chalinadi va shu onda marhumlar hech o‘lmaydigan bo‘lib tiriladilar. Shunda biz ham o‘zgaramiz. Chunki bizning o‘ladigan tanamiz o‘lmaydigan tanaga, foniy tanamiz mangu tanaga aylanishi kerak. O‘ladigan tanamiz o‘lmaydigan tanaga, bu foniy tanamiz mangu tanaga aylanganda, Muqaddas Bitiklarda yozilgan quyidagi oyatlar amalga oshadi: “O‘lim yengilib, yo‘q bo‘ldi. Ey, o‘lim, sening nishing qayerda?! Ey, o‘lim, sening zafaring qayerda?!” O‘limning nishi gunohdir. Gunohning quvvati esa qonundan kelib chiqdi. Xudoga shukrlar bo‘lsin! U Rabbimiz Iso Masih orqali bizga g‘alaba ato qilgan. Shuning uchun, ey, aziz birodarlarim, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turinglar. Hamisha Rabbimiz Isoga xizmat qilishga bag‘ishlanib, yanada g‘ayratli bo‘linglar. Axir, Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatingiz samarasiz qolmasligini bilasizlar–ku! Endi Xudoimizning Quddusdagi azizlariga moddiy mablag‘ to‘plash masalasiga kelsak, sizlar ham Galatiya hududidagi jamoatlarga bergan yo‘l–yo‘riqlarimga amal qilinglar. Har haftaning boshida har bir odam qo‘lidan kelganicha bir miqdor pulni olib qo‘ysin, toki oldingizga borganimda pul yig‘ishga hojat bo‘lmasin. Borganimdan keyin, ehsonlaringizni imonlilarga topshirsin, deb o‘zingiz munosib ko‘rgan kishilarni Quddusga jo‘nataman. Ularning har birini tanishtirib, maktub yozib beraman. Agar borishga imkon bo‘lsa, o‘zim ham ular bilan birga boraman. Makedoniyadan o‘tish niyatim bor. Shundan keyin sizlarning oldingizga boraman. Sizlar bilan birmuncha vaqt bo‘laman, deb o‘ylayman, balki hatto qishni ham sizlar bilan o‘tkazarman. Undan keyin qayerga bormoqchi bo‘lsam ham, sizlarning yordamingiz bilan safarimni yana davom ettiraman. Axir, sizlarni faqatgina yo‘l–yo‘lakay ko‘rishni istamayman, Rabbimiz Iso xohlasa, sizlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazaman, deb umid qilaman. Lekin Hosil bayramiga qadar Efes shahrida qolaman. Chunki bu yerda menga qarshi chiqqanlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, ta’sirchan faoliyat ko‘rsatishim uchun yo‘l ochildi. Timo‘tiy oldingizga borganda unga g‘amxo‘rlik qilinglar, u orangizda xotirjam yursin, chunki u ham menga o‘xshab Rabbimiz Iso xizmati bilan mashg‘ul. Hech kim unga past nazar bilan qaramasin. U mening oldimga qaytib kelayotganda, uni eson–omon kuzatib yuboringlar. Uning birodarlar bilan birga kelishini kutib turibman. Birodarimiz Apollosga kelsak, uni birodarlarga qo‘shilib sizlarning oldingizga borishga ko‘p undadim, lekin uning hozir hech borgisi yo‘q. Imkoni bo‘lsa keyinroq borar ekan. Hushyor bo‘linglar, imonda mahkam turib, jasoratli va kuchli bo‘linglar. Hamma narsani mehr–muhabbat bilan qilinglar. Birodarlar, Stefanning xonadonini bilasizlar. Ular Axaya hududida birinchi bo‘lib Masihga imon keltirganlar va o‘zlarini Xudoning aziz xalqiga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar. Sizlardan bir iltimosim bor: Bunday insonlarni va ular bilan birga berilib xizmat qilayotganlarni hurmat qilib, ularning aytganlarini qilinglar. Stefan, Fortunat va Axaikning kelganidan xursand bo‘ldim, ular sizlarning yo‘qligingizni bildirmadi. Ular sizlarning ruhingizni ko‘targandek, mening ham ruhimni ko‘tardilar. Bunday insonlarni qadrlanglar. Asiya hududidagi jamoatlar sizlarga salom yo‘llayaptilar. Akil bilan Priskilla va ularning uyida yig‘iladigan jamoat ham sizlarga — Rabbimiz Isoning yo‘lidagi hamkorlariga otashin salom aytyapti. Hamma birodarlarimiz salom aytyaptilar. Bir–biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Men, Pavlus mana shu salomni o‘z qo‘lim bilan yozyapman. Kimki Rabbimiz Isoni yaxshi ko‘rmasa, u la’nati bo‘lsin! Ey, Rabbimiz, kelgin! Rabbimiz Isoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Sizlarni yaxshi ko‘raman, chunki hammamiz Iso Masihga tegishlimiz. Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan va birodarimiz Timo‘tiydan Xudoning Korinf shahridagi jamoatiga hamda Axaya hududidagi barcha Xudoning azizlariga salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyatu tinchlik ato qilsin. Rabbimiz Iso Masihning otasi Xudoga, har turli tasallining manbayi bo‘lgan Xudo — marhamatli Otaga hamdu sanolar bo‘lsin! Har xil azob–uqubatlarga uchraganimizda Xudo bizga tasalli beradi. Shunday ekan, biz ham azob chekayotgan insonga tasalli bera olamiz. Xudo bizga bergan tasalli bilan uni ovuntira olamiz. Masihga o‘xshab biz qanchalik ko‘p azob cheksak, Xudo bizga Masih orqali shunchalik ko‘p tasalli beradi. Biz azob–uqubatlarga duchor bo‘layotgan ekanmiz, sizlar tasalli va najot topishingiz uchun shunday bo‘lyapti. Biz tasalli topayotgan bo‘lsak, bu ham sizlar tasalli topishingiz uchundir, toki sizlar ham bizga o‘xshab azob–uqubatlarga uchraganingizda bardosh bera oling. Sizlar nafaqat azob–uqubatlarimizga, balki tasallimizga ham sherik bo‘lishingizga hech shubhamiz yo‘q. Ey, birodarlar, biz shuni istar edikki, sizlar Asiya viloyatida biz chekkan azoblardan bexabar qolmanglar. Biz haddan tashqari, chidab bo‘lmas darajada azob–uqubat tortdik, hatto tirik qolishimizdan ham umidimizni uzgan edik. O‘lim muqarrar ekanligiga amin bo‘lgan edik. Bularning hammasi bizning o‘zimizga emas, balki o‘liklarni tiriltiradigan Xudoga umid bog‘lashimiz uchun sodir bo‘ldi. Haqiqatan ham Xudo bizni shunday og‘ir o‘lim tahlikasidan qutqardi va yana qutqaradi ham. Ha, U bizni yana qutqaradi, deb Undan qattiq umid qilamiz. Sizlar ham ibodatlaringiz orqali bizning faoliyatimizga sherik bo‘lyapsizlar. Buni ko‘rib, ko‘pchilik biz uchun Xudoga shukr aytadi, chunki ko‘plarning biz uchun qilgan iltijolari natijasida Xudo bizga iltifot ko‘rsatdi. Vijdonimiz guvohlik berib turibdi, biz bu dunyoda, ayniqsa sizlar bilan bo‘lgan munosabatimizda Xudo ato qilgan soddalik va samimiylik bilan ish tutdik. Biz dunyoviy donolikka emas, balki Xudoning inoyatiga tayanib harakat qildik. Faxrlanishimizning sababi mana o‘shadir. [13-14] Sizlar o‘qib, tushuna oladiganlardan boshqa hech narsa yozmaymiz. Sizlar hozir bizni qisman bo‘lsa–da tushunasizlar. Umid qilamanki, bir kun kelib sizlar quyidagini to‘la anglab olasiz: biz sizlardan qanday faxrlansak, sizlar ham Rabbimiz Iso keladigan kunda bizdan shunday faxrlana olasizlar. *** Yuqorida aytib o‘tganlarimning to‘g‘riligiga ishonganim uchun, meni ikki marta ko‘rib, xursand bo‘lib qolinglar, degan niyatda sizlarning oldingizga bormoqchi edim. Makedoniyaga borayotganimda sizlarning oldingizga kirib o‘tish, qaytishda ham sizlarning oldingizga borish niyatim bor edi. Shunday qilib, Yahudiyaga ketishimda yo‘lda uchrashi mumkin bo‘lgan ehtiyojlarimni qondirib, kuzatib qo‘yardingizlar. Shunday rejalarim bor edi. O‘sha rejalar amalga oshmasa, yengiltaklik bilan harakat qilgan bo‘lamanmi?! Yoki men reja qilayotgan paytda goh “ha”, goh “yo‘q”, deydigan, betayin odamlardanmanmi?! Xudo ishonchlidir, shuning uchun sizlarga yetkazgan xabarimiz ham hech o‘zgarmaydi. Silvan, Timo‘tiy va men sizlarga Xudoning o‘g‘li — Iso Masih haqida aytganmiz. Iso Masih o‘zgaruvchan emas. U doimo sadoqatlidir. Iso Masih orqali Xudo O‘z va’dalarini bajaradi, shuning uchun biz ham Iso Masih orqali Xudoni ulug‘lab, “Omin, iloyim shunday bo‘lsin”, deymiz. Xudoning O‘zi bizni ham, sizlarni ham Iso Masihga bo‘lgan imonimizda mustahkam qiladi. U bizni O‘zi uchun tanlab oldi. Bizga O‘z muhrini bosib, kelajakdagi qut–barakalarning kafili sifatida Muqaddas Ruhni berdi. Xudo shohid, o‘z jonim haqqi aytyapman, sizlarni ayaganim uchun hanuz Korinfga bormadim. Biz sizlarning imoningiz ustidan hukmdormiz, demoqchi emasman, chunki sizlar imonda mahkam turibsizlar. Xizmat qilishimizdan maqsad quvonchingizni ko‘paytirishdir. Yana xafagarchilik keltirib chiqarmaslik uchun sizlarning oldingizga bormaslikka qaror qildim. Axir, sizlarni xafa qilsam, menga xursandchilik keltiradiganlarni xafa qilgan bo‘laman–ku! Unday holda, kim meni xursand qiladi?! Oldingi maktubni yozganimning sababi ham shudir, toki sizlarning oldingizga borganimda oramizda xafagarchilik bo‘lmasin, axir, menga katta quvonch keltiradiganlar sizlar emasmi?! Ishonchim komilki, mening quvonchim sizlarning quvonchingizdir. Sizlarni xafa qilish uchun emas, balki sizlarni qanchalik yaxshi ko‘rishimni ko‘rsatish uchun o‘sha maktubni yozgan edim. U maktub chuqur qayg‘u, iztirob va ko‘z yoshlari bilan yozilgandi. Gapni oshirib aytadigan bo‘lsak, meni xafa qilgan odam faqatgina meni emas, balki qaysidir darajada sizlarning hammangizni xafa qilgan bo‘ladi. Ammo xafa qilgan odamga ko‘pchilik tomonidan berilgan jazo yetarli. Endi bo‘lsa, uni kechirib, tasalli beringlar, toki u haddan ortiq qayg‘urib, tushkunlikka tushmasin. Sizlardan o‘tinaman, unga bo‘lgan mehr–muhabbatingizni ko‘rsating. Oldingi maktubimni yozishdan yana bir maqsadim shu edi, sizlar har jihatdan itoatkor ekanmisiz yoki yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim. Sizlar biror kishini kechirsangiz, men ham uni kechiraman. Birortasi kechirishim kerak bo‘ladigan biror ayb ish qilgan bo‘lsa, sizlarning manfaatingizni ko‘zlab, Masihning huzurida uni kechiraman. Shaytonga aldanib qolmaylik, axir, uning fitnalaridan bexabar emasmiz–ku! Masih haqidagi Xushxabarni e’lon qilish uchun Troas shahriga borganimda, Egamiz menga yo‘l ochib bergan edi. Ammo ruhim notinch edi, chunki birodarim Titusni u yerda topa olmadim. Shuning uchun u yerdagilar bilan xayrlashib, Makedoniyaga jo‘nadim. Xudoga shukr! Xudo bizga Masihning tantanali yurishida ishtirok etishga nasib etdi. Atirning hidi qanday taralsa, xuddi shu singari, har yerda va har doim Xudo biz orqali O‘zi haqidagi xabarni tarqatmoqda. Masih haqidagi xushxabarni yoyar ekanmiz, biz najot topadiganlar orasida ham, halok bo‘ladiganlar orasida ham Xudoga xush keladigan tutatqi nazrining hidiga o‘xshaymiz. Bu hid halok bo‘ladiganlar uchun o‘lim hididir, najot topadiganlar uchun esa hayotbaxsh xushbo‘y hiddir. Bunday yuksak mas’uliyatga Xudo bizni loyiq topdi. Mana, biz ko‘pchilik kabi, Xudoning kalomini bozorga solmaymiz. Aksincha, Xudo tomonidan yuborilgan va Masih xizmatida bo‘lgan kishilardek, Xudoning ko‘zi oldida sof ko‘ngil bilan voizlik qilmoqdamiz. Yana o‘zimizga o‘zimiz tavsiya beryapmizmi? Yoki ba’zilarga kerak bo‘lganday, sizlarga tavsiyanomalar ko‘rsatishimiz kerakmi yoki sizlardan bizga tavsiyanomalar kerakmi? Axir, yuragimizga yozilgan tavsiyanomamiz sizlarning o‘zingiz–ku! Bu hammaga ayon, uni hamma o‘qiy oladi. Ochiq ko‘rinib turibdiki, bizning xizmatimiz tufayli yozilgan Masihning maktubi sizlarsiz. Bu maktub siyoh bilan emas, balki barhayot Xudoning Ruhi orqali yozilgan, tosh lavhalarga emas, balki inson qalbining lavhalariga yozilgandir. Masih tufayli Xudoning oldida bularga ishonchimiz komildir. Axir, biz o‘zimizning kuchimiz bilan biror narsa qila olmaymiz–ku! Hamma qobiliyatimiz bizga Xudo tomonidan berilgan. Xudo bizga yangi ahdning xizmatkorlari bo‘lish qobiliyatini berdi. Bu ahd qonunga emas, balki Ruhga asoslanib tuzilgan, chunki qonun o‘limga yetaklaydi, Ruh esa hayot bag‘ishlaydi. Tosh lavhalarga yozilgan amrlar, ya’ni eski ahd o‘limga yetaklasa ham, ular shunchalik ulug‘vorlikka ega ediki, Musoning o‘sha ulug‘vorlikdan porlayotgan yuziga Isroil xalqi tik qaray olmagan edi. O‘tkinchi ulug‘vorlik shunchalik porloq ekan, Ruh orqali tuzilgan ahd keltiradigan ulug‘vorlik qanday porloq bo‘lishi haqida bir o‘ylab ko‘ring–chi! O‘lim hukmini keltiradigan eski ahd ulug‘vor ekan, insonlarni oqlaydigan ahd undan ham ulug‘vor bo‘lmaydimi?! Endi bu ajoyib ulug‘vorlik oldida o‘sha oldingi ulug‘vorlik hech narsaday bo‘lib qoldi. O‘tkinchi eski ahd ulug‘vor bo‘lgan ekan, boqiy bo‘lgan bu yangi ahd naqadar ulug‘vordir! Shunday umidimiz borligi uchun ham jasorat bilan Xushxabarni aytamiz. Biz Musoga o‘xshamaymiz. Yuzida porlab turgan o‘tkinchi ulug‘vorlikni Isroil xalqi ko‘rmasligi uchun Muso yuzini yopgan edi. Isroil xalqining aqli o‘tmas bo‘lib qolgandi. Bugunga qadar eski ahd o‘qilganda, xuddi bir parda ularning ongini to‘sib turganga o‘xshaydi. Bu pardani faqatgina Masih olib tashlaydi. Ha, hozir ham Musoning qonuni o‘qilganda, ularning ongi to‘siqdir. Ammo Egamizga yuz burgan insonning ongidan to‘siq parda olib tashlanadi. Bu yerda Egamiz deganda, Muqaddas Ruhni nazarda tutyapman. Egamizning Ruhi qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bor. Biz hammamiz ochiq yuzimiz bilan Egamizning ulug‘vorligini ko‘rib turibmiz. Biz bora–bora o‘zgarar ekanmiz, yanada ulug‘vor bo‘lib, Egamizga o‘xshagan bo‘lamiz. Bularning hammasi Egamizning Ruhi orqali sodir bo‘lmoqda. Biz Xudoning marhamati bilan yangi ahdning xizmatkorlari bo‘lganimiz uchun tushkunlikka tushmaymiz. Aksincha, sirli va uyatli ishlar qilishdan, makr–hiyla ishlatishdan bosh tortib, Xudoning kalomini buzmay gapiramiz. Haqiqatni ochiq–oydin aytib, Xudoning huzurida o‘zimizni boshqa odamlarning hukmiga topshiramiz. Xushxabarimiz sirli, to‘siq parda ortida turganday bo‘lib tuyulsa, u halok bo‘ladiganlar uchun shunday tuyuladi. Bu dunyoning xudosi imonsizlarning ongini ko‘r qilib qo‘ygan. Shuning uchun ular Xushxabarning nurini ko‘ra olmaydilar. Bu Xushxabar Xudoning aniq tasviri bo‘lgan Masihning ulug‘vorligini ko‘rsatadi. Biz o‘zimiz haqimizda emas, Rabbimiz Iso Masih haqida va’z qilamiz. Isoning yo‘lida sizlarning xizmatkoringizmiz. Xudo dunyoni yaratganda O‘z so‘zi bilan zulmatdan nur yaratgan edi. Endi U O‘zining nuri bilan bizning yuraklarimizni ham yoritdi, Iso Masih siymosida porlab turgan O‘z ulug‘vorligini bizga ko‘rsatdi. Shunday ajoyib xazinani sopol idishlarday bo‘lgan tanalarimizda olib yuribmiz. Shu orqali oliy qudrat bizga emas, Xudoga mansub ekanligi ko‘rinib turibdi. Biz har tomonlama jabrlanamiz, ezilamiz, ammo sinmaymiz. Ko‘nglimiz alag‘da qolib, mushkul ahvolga tushsak ham umidimizni yo‘qotmaymiz. Quvg‘in qilinamiz, lekin Xudo hech qachon bizni tashlab ketmaydi. Bizni yerga yiqitadilar, ammo yakson qila olmaydilar. Iso Masih o‘limga ro‘baro‘ bo‘lganidek, biz ham azob–uqubat tortib, o‘lim tahlikasida yashayapmiz, toki Isoning hayoti bizning tanamizda namoyon bo‘lsin. Iso Masihga tegishli bo‘lganimiz uchun biz doim o‘limga duchor bo‘lyapmiz, toki Isoning hayoti bizning foniy badanimizda namoyon bo‘lsin. Shunday qilib, o‘lim xavfi ostida yashashimiz sizlarga abadiy hayot keltiradi. Muqaddas Bitiklarda: “Ishonganim uchun gapirdim,” deb yozilgan. Bizda ham shunday imon bor, shuning uchun Xushxabar aytishni davom ettiraveramiz. Bilamizki, Rabbimiz Isoni tiriltirgan Xudo bizni ham Isoga o‘xshatib tiriltiradi va sizlar bilan birga O‘zining huzuriga olib kiradi. Boshimizdan o‘tganlarning hammasi sizlarning manfaatingiz uchundir. Xudoning inoyati ko‘pdan ko‘p odamlar orasida yoyilar ekan, Xudoga yanada ko‘p odamlar shukr aytadi va bundan Unga yanada ko‘proq shon–shuhrat keladi. Shuning uchun ham umidimizni yo‘qotmaymiz. To‘g‘ri, bu foniy badanimiz xazon bo‘lyapti, ammo biz ruhan yangilanib boryapmiz. Bizning o‘tkinchi, yengil azob–uqubatlarimiz bizga haddan tashqari ajoyib va abadiy ulug‘vorlik keltiradi. Axir, biz ko‘rinadigan narsalarga emas, balki ko‘rinmaydigan narsalarga ko‘z tikkanmiz. Ko‘rinadigan narsalar o‘tib ketadi, ko‘rinmaydiganlari esa mangudir! Bilamizki, biz makon qilgan bu tanamiz yer yuzidagi bir kulbadaydir. Bu kulba xarob bo‘lganda, Xudo samoda bizga qo‘l bilan qurilmagan mangu bir uy beradi. Biz samoviy maskanimizga yetishishni kutib, bu yerdagi kulbada, ya’ni tanamizda oh chekib yuribmiz. Xudo bizga samoviy tana beradi, ruhimiz maskansiz qolmaydi. Bu tanamizda ekanmiz, xuddi og‘ir yuk ostida qolgandek oh–nola chekamiz. O‘lishni xohlamaganimiz uchun oh–nola qilamiz. Samoviy tana darhol bu moddiy tananing o‘rnini olishini istaymiz. Axir, o‘shanda mangu tana foniy tananing o‘rnini egallaydi. Xudo bizni mana shu maqsad uchun yaratgan va bunga kafil sifatida bizga Muqaddas Ruhni ato qilgan. Biz bu tanada bo‘lganimizda samoviy maskanimizdan va Egamizdan uzoqda ekanligimizni bilsak ham ishonchimiz barqaror. Axir, biz ko‘zga ko‘rinadigan narsalarga emas, balki imonimizga tayanib hayot kechiramiz. Ha, ishonchimiz barqaror, shuning uchun bu tanalarimizni tashlab, Egamiz bilan birga samoda maskan qilishni afzal ko‘ramiz. Xoh mana shu foniy tanada bo‘laylik, xoh abadiy maskanda bo‘laylik, bizning maqsadimiz Egamizni mamnun qilishdir. Chunki har birimiz Masihning hukm kursisi oldida hozir bo‘lishimiz kerak. Shunda har birimiz, xoh yaxshi ishlar bo‘lsin, xoh yomon, qilganlarimizga yarasha mukofot yoki jazo olamiz. Biz Xudodan qo‘rqish nimaligini bilganimiz uchun boshqalarni ham Xushxabarga ishonishga da’vat qilamiz. Biz qanday odam ekanligimiz Xudoga ayondir, umid qilamanki, sizlar ham bizning qandayligimizni ochiq–oydin bilasizlar. Biz o‘zimizga o‘zimiz tavsiya bermayapmiz. Aksincha, sizlarga biz bilan faxrlanish imkonini beryapmiz. Shunda insonning qalbidagi o‘y–xayolu fazilatlari bilan emas, balki tashqi qiyofasi bilan maqtanadiganlarga sizlar o‘rinli javob bera olasizlar. Agar biz boshqalarga aqldan ozganday ko‘rinsak, bu Xudoga shuhrat keltirish uchundir. Aqlimiz joyida bo‘lsa, bu sizlarning manfaatingiz uchundir. Axir, Masihning bizga bo‘lgan muhabbati bizni rag‘batlantiradi. Bir Odam hamma uchun o‘lgan bo‘lsa, demak biz hammamiz o‘lganmiz, degan xulosaga keldik. Ha, Masih hamma uchun o‘ldi, toki yashayotganlar endi o‘zlari uchun emas, balki ular uchun o‘lgan va tirilgan Masih uchun yashasinlar. Shu sababdan endi biz hech kimga insoniy nuqtayi nazardan baho bermaymiz. Bir vaqtlar Masihga ham insoniy nuqtayi nazardan baho bergan edik, endi esa unday qilmaymiz. Binobarin, kim Masihga tegishli bo‘lsa, u yangi ijoddir. Eski hayot o‘tib ketdi, yangisi kirib keldi. Bularning hammasi Xudodandir. U Masih orqali bizni O‘zi bilan yarashtirdi hamda boshqalarga Xudo bilan yarashish yo‘lini ko‘rsatish xizmatini bizga berdi. Ha, insonlarning gunohlarini ularning o‘zlariga qarshi hisoblamasdan, Xudo dunyoni Masih orqali O‘zi bilan yarashtirdi. Yarashish haqidagi bu xabarni yetkazishni esa bizga topshirdi. Shunday qilib, biz Masihning elchilarimiz, Xudo biz orqali insonlarga murojaat etyapti. Masih nomidan yolvoryapmiz: Sizlar ham Xudo bilan yarashinglar. Axir, Xudo bizni Masih orqali oqlash uchun gunohsiz bo‘lgan Masihni gunohkorni jazolaganday, jazoladi. Xudoning hamkorlari sifatida sizlarga yolvoramiz: Xudoning inoyati hayotingizda samarasiz bo‘lmasin. Xudo shunday deb aytyapti: “Muruvvat payti kelganda, Men senga quloq solaman. Najot kuni kelganda, Men senga yordam beraman.” O‘sha muruvvat payti hozirgi paytdir, o‘sha najot kuni bugungi kundir. Xizmatimizda birorta ayb topilmasin deb, hech kimni zarracha ranjitmaymiz. Biz Xudoning haqiqiy xizmatkorlari ekanligimizni o‘z harakatlarimiz bilan isbotlayapmiz. Har xil qiyinchiliklaru kulfatlar boshimizga tushganda, tang ahvolda qolganimizda sabr–toqat ko‘rsatyapmiz. Bizni urganlarida, qamoqqa tashlaganlarida, g‘alayonlarda qolganimizda, mashaqqat bilan mehnat qilganimizda, uyqusizlikda va och qolganimizda, hammasiga bardosh berdik. Poklik, donolik, sabr–toqat bilan yashab, mehribon bo‘lib, Muqaddas Ruh bizda maskan qilganini ko‘rsatib, samimiy muhabbatimiz bilan Xudoning xizmatkorlari ekanligimizni isbotladik. Biz haqiqatni e’lon qilyapmiz, Xudoning qudratiga tayanib xizmat qilyapmiz. O‘ngu so‘l qo‘limizda solihlik qurollarini tutib yuribmiz. Sharafga erishamizmi yoki isnodga qolamizmi, boshqalar bizni haqorat qiladimi yoki maqtaydimi, har qanday vaziyatda Xudoning xizmatkorlari ekanligimizni ko‘rsatyapmiz. Bizni yolg‘onchi odamlar, deb aytishadi, ammo biz haqiqatgo‘ymiz. Mashhur emasmiz, ammo bizni bilishadi. Bizni o‘lgan, deb hisoblaydilar, ammo mana, tirikmiz. Bizni jazoga tortadilar, ammo o‘limga mahkum qilmaydilar. Bizni xafa qilyaptilar, ammo doimo xursandmiz. O‘zimiz kambag‘almiz–u, ko‘p kishilarni boyitamiz. Hech narsamiz yo‘g‘–u, ammo hamma narsaga egamiz. Ey, Korinfliklar! Sizlarga bemalol, ochiq–oydin gapirdik. Sizlarga bag‘rimizni keng ochdik. Biz sizlardan mehr–muhabbatimizni ayamadik, sizlar esa o‘z mehringizni bizdan qizg‘anasiz. Sizlarga o‘z farzandlarimga gapirayotganday gapiryapman. Biz sizlarga qanday muomala qilsak, sizlar ham bizga shunday muomala qiling: bizga bag‘ringizni keng oching. Imonsizlar bilan sherik bo‘lmanglar. Solihlik bilan qabihlikning orasida qanday aloqa bor?! Nur bilan zulmat orasida qanday umumiylik bo‘lishi mumkin?! Masih bilan shayton orasida qanday ittifoqlik bo‘lishi mumkin?! Imonli bilan imonsizning orasida qanday sheriklik bo‘lishi mumkin?! Xudoning ma’badi bilan butlar orasida qanday umumiylik bor?! Axir, biz barhayot Xudoning ma’badimiz–ku! Xudo shunday deb aytgan: “Men ularning orasida yashayman, Ularning orasida yuraman. Men ularning Xudosi bo‘laman, Ular esa Mening xalqim bo‘ladi.” Binobarin, Egamiz shunday degan: “Xalqlar orasidan chiqinglar, Ulardan ajralib chiqinglar, Haromga qo‘l tekkizmang, Shunda Men sizlarni qabul qilaman.” Sarvari Olam yana shunday deb aytgan: “Men sizlarga Ota bo‘laman, Sizlar esa Menga o‘g‘il–qizlar bo‘lasizlar.” Ey azizlarim, Xudo bizga shunday ajoyib va’dalar bergan ekan, badanimizni va ruhimizni bulg‘ovchi har qanday narsadan o‘zimizni poklaylik. Xudodan qo‘rqib yashaylik, butunlay Xudo uchun ajratilganligimizni ko‘rsataylik. Bizga bo‘lgan mehringizni ko‘rsating. Biz hech kimga ozor bermadik, hech kimga ziyon keltirmadik, hech qachon o‘zimizning manfaatimizni ko‘zlab, boshqalardan foydalanmadik. Bularni sizga ta’na qilib aytmayapman. Axir, oldin aytganimdek, o‘lamizmi, yashaymizmi, sizlar bizning dilimizdasiz. Sizlarga bemalol, ochiq–oydin gapira olaman, sizlardan juda faxrlanaman. Azob–uqubatlarimiz qanchalik ko‘p bo‘lmasin, dilim tasallidan to‘lib–toshadi, behad xursandman. Hatto Makedoniyaga borganimizdan keyin ham hech xotirjam bo‘la olmadik, aksincha, har tomondan g‘am–g‘ussaga tushdik: sirtdan hujumlar bo‘ldi, ko‘nglimizda esa qo‘rquvlar bor edi. Tushkunlikka tushganlarga tasalli beruvchi Xudo Titusni yonimizga yuborib, bizga tasalli berdi. Biz faqatgina uning kelganidan emas, balki uning sizlardan olgan tasallisi haqida eshitib ham ancha dalda topdik. Sizlar meni qattiq sog‘inayotganingiz, men uchun qayg‘urib, tarafimni olganingiz haqida xabar olib kelganidan juda sevindim. Shu sababdan, maktubim bilan sizlarni xafa qilgan bo‘lsam ham, uni yozganimdan afsuslanmayman. To‘g‘ri, bu maktub sizlarni bir oz muddatga bo‘lsa–da xafa qilganini bilib afsuslandim. Mana endi sevinyapman. Sizlar xafa bo‘lganingizdan xursand emasman, balki bu xafagarchilik sizlarni tavbaga keltirgani uchun sevinyapman. Xudo bu xafagarchilikni yaxshilik uchun ishlatdi, shuning uchun bizdan hech qanday ziyon ko‘rmadingiz, deb ayta olaman. Axir, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik tavba olib keladi, tavba esa najotga yetaklaydi va hech qanday armonu afsusga sabab bo‘lmaydi. Bu dunyo keltiradigan xafagarchilik esa o‘limga olib boradi. Mana qarang, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik sizlarning hayotingizda qanday samara keltirdi. Endi sizlar menga qarshi emasligingiz ko‘rinib turibdi. O‘sha aybdor bo‘lgan insondan g‘azablanyapsiz, unga hamtovoq bo‘lib qolishdan qo‘rqasiz. Meni ko‘rishga intizorsiz. Aybdorni jazolashga tayyorsiz. Mana shularning hammasi sizlarning bu masalada pok ekanligingizni isbotlamoqda. Men bu maktubni ayb ish qilgan inson va ayb ish tufayli ranjigan inson haqi yozmadim. Asosiy maqsad, Xudoning oldida sizlarning menga qanchalik bag‘ishlangan ekanligingizni sizlarga ko‘rsatish edi. Shuning uchun biz ancha tasalli topdik. Bundan tashqari, Titusning xursandchiligi bizni yanada quvontirdi, chunki sizlar uning ruhini ko‘taribsizlar. Men unga sizlarni maqtagan edim, sizlar meni uyatga qoldirmabsizlar. Sizlarga aytganlarimiz to‘g‘ri bo‘lgani kabi, maqtanib Titusga aytganlarim ham to‘g‘ri ekanligi isbotlandi. U sizlarning itoatkorligingizni, uni hurmat–ehtirom bilan kutib olganingizni eslar ekan, uning sizlarga bo‘lgan muhabbati yanada oshib bormoqda. Sizlarga to‘liq ishona olganimdan juda xursandman. Endi birodarlar, Xudoning Makedoniyadagi jamoatlarga ko‘rsatgan inoyati haqida sizlarga aytmoqchimiz. Ular og‘ir kulfatlarga yo‘liqib, sinalgan bo‘lsalar–da, jo‘shqin bir sevinchga to‘lib toshdilar, o‘ta kambag‘al bo‘lsalar–da, yuraklari saxiylikka boy ekanligini ko‘rsatdilar. Ular o‘z xohishlari bilan, qo‘llaridan kelgancha, hatto imkonlaridan ortiq xayr–ehson berganlariga men shohidman. Ular, Xudoning Quddusdagi azizlariga yordam berishda ishtirok etaylik, deb bizdan o‘tinib so‘radilar. Hatto umid qilganimizdan ham ziyodrog‘ini qildilar. Xudoning irodasi bo‘yicha ular avval o‘zlarini Rabbimiz Isoga, keyin esa bizga bag‘ishladilar. Titus sizlarning orangizda boshlagan xayrli ishini bitirsin, deb uni rag‘batlantirdik. Sizlar imon va ilm–ma’rifatga boy, gapga chechan, notiqlikda mohirsizlar, g‘ayratu tirishqoqlikda hech kimdan qolishmaysiz, qalbingizdagi biz tufayli uyg‘ongan mehr–muhabbatingiz cheksizdir. Shunday ekan, bu xayrli ish orqali saxiyligingizning cheksizligini ham ko‘rsating. Men buni sizlarga buyruq tariqasida emas, balki mehr–muhabbatingizning samimiyligini isbot qilinglar, deb aytyapman. Shuning uchun boshqalarning g‘ayratiyu tirishqoqligiga e’tiboringizni qaratyapman. Axir, o‘zingiz Rabbimiz Iso Masihning ko‘rsatgan inoyatini bilasizlar–ku, U boy bo‘lsa ham, sizlarni boy qilish uchun kambag‘al bo‘ldi. [10-11] Yuqorida aytib o‘tilgan xayr–ehsonlar haqida maslahatim quyidagichadir. O‘tgan yili nafaqat o‘sha xayrli ishni qilishni boshladingiz, balki bu ishga qo‘shilish haqida o‘zingiz xohish ko‘rsatgan edingiz. Endi o‘z manfaatingiz uchun xayrli ishingizni oxiriga yetkazinglar, qanday ishtiyoq bilan boshlagan bo‘lsangiz, shunday qilib, qo‘lingizdan kelganicha bitirishga harakat qilinglar. *** Agar inson hadya berishni xohlasa, undan yo‘q bo‘lgan narsa talab qilinmaydi, balki o‘zida bor narsasini bergani qabul qilinadi. Boshqalarning hayoti yengillashib, sizlar esa og‘ir ahvolda qolishingizni istamaymiz. Hammaning orasida tenglik bo‘lsin. Hozirgi paytda sizlardagi baraka ulardagi yetishmovchiliklarni to‘ldirsin, yana boshqa bir paytda ulardagi baraka sizlardagi yetishmovchiliklarni to‘ldirsin, shunday qilib tenglik bo‘lsin. Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan: “Ko‘p yig‘ishtirganlardan hech narsa ortib qolmadi, oz yig‘ishtirganlar uchun esa yetarli bo‘ldi.” Xudoga shukr! Men sizlarga qanday g‘amxo‘r bo‘lsam, Titusning diliga U sizlarga nisbatan shunday g‘amxo‘rlikni jo qildi. Axir, Titusdan sizlarning oldingizga borishni iltimos qilganimda, u nafaqat rozi bo‘ldi, balki xohish va ishtiyoq bilan bordi. U bilan birga barcha jamoatlarda, Xushxabarning voizi, deb maqtalgan birodarni ham yubordik. Xayrli ishda yordam qilsin, deb jamoatlar uni bizga yo‘ldosh qilib sayladilar. Biz bu ishni Egamizni ulug‘lash uchun hamda o‘zimizning ishtiyoqimizni ko‘rsatish uchun qilyapmiz. Saxiylik bilan berilgan xayr–ehsonlarni atalgan odamlarga yetkazishimizda hech qanday ayb ish qilmayotganimizni ko‘rsatish uchun o‘sha birodar bizning yo‘ldoshimiz bo‘ldi. Biz nafaqat Egamizning nazarida, balki insonlar oldida ham to‘g‘ri ishni qilishga harakat qilyapmiz. Titus va va’zxon birodarga qo‘shib, yana bir birodarni ham yuboryapmiz. U biz tomondan ko‘p sinalgan va har jihatdan g‘ayratli ekanligini ko‘rsatgan. Sizlarga nisbatan ishonchi komil bo‘lgani uchun uning sizlarga xizmat qilish ishtiyoqi yanada ko‘proq. Agar birov Titus haqida so‘rasa, u mening hamrohim va sizlar uchun xizmat qilayotgan hamkorim ekanligini aytinglar. Haligi ikki birodar esa jamoatlar tomonidan yuborilganlar va ular Masihga ulug‘vorlik keltiradilar. Shunday qilib, jamoatlar oldida o‘sha birodarlarga bo‘lgan mehr–muhabbatingizni ko‘rsatib, ularga sizlarni maqtaganimiz bekor emasligini isbotlang. Sizlarga Xudoning Quddusdagi azizlari uchun beriladigan yordam haqida yozishimga hech hojat yo‘q. Axir, bilaman–ku, sizlar yordam berishga tayyorsizlar, shuning uchun ham “Axaya hududidagi imonlilar o‘tgan yildan beri tayyor”, deb Makedoniyadagi birodarlarga sizlarni maqtab yuribman. Sizlarning saxiylik bilan berayotgan xayr–ehsonlaringiz ularni ham saxiylikka undadi. Endi o‘sha maqtanganlarim bekor emasligini ko‘rsatish uchun hamda men aytganimday tayyor bo‘lib turishingiz uchun birodarlarni sizlarning oldingizga yuboryapman. Yana Makedoniyaliklardan ba’zilari men bilan birga borsa–yu, sizlar tayyor bo‘lmasangiz, biz sizlarga bo‘lgan ishonchimiz ro‘yobga chiqmaganidan uyatga qolamiz, sizlar esa bundan battar uyalib qolasiz. Shu sababdan va’da qilgan hadyangizni oldindan tayyorlab qo‘yinglar deb, o‘zim bormasimdan avval sizlarning oldingizga birodarlarni yuborishni lozim ko‘rdim. Shunda sizlarning hadyangiz norozilik bilan emas, sidqidildan berilgan hadya bo‘ladi. Shuni unutmangki, oz ekkan oz o‘rib oladi, mo‘l ekkan esa mo‘l o‘rib oladi. Har kim norozi bo‘lib yoki majburiyat bilan emas, balki ko‘nglida niyat etganini bersin. Axir, Xudo mamnuniyat bilan beradigan insonni yaxshi ko‘radi. Xudo sizlarning hayotingizni har jihatdan inoyatga to‘ldirib–toshdirishga qodirdir. Shunda har doim, har jihatdan, hamma ehtiyojingiz qondiriladi va sizlar yanada ko‘proq har xil xayrli ishlar qilasizlar. Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan: “Boyligini muhtojlarga saxiylik ila taqsimlaydi, Uning solihligi to abad davom etadi.” Hammaga yeyishga non, dehqonga ham ekishga urug‘ beradigan Xudo sizlarning ekadigan urug‘ingizni mo‘l qiladi, solihligingizdan keladigan hosilni ham ko‘paytiradi. Har doim saxiy bo‘lishingiz uchun Xudo sizni har jihatdan boy qiladi. Shunday qilib, biz sizlarning hadyalaringizni muhtojlarga yetkazganimizda ular Xudoga ko‘p shukrona keltiradilar. Mana shu hadyangiz bilan ko‘rsatgan yordamingiz nafaqat Xudoning Quddusdagi azizlarining ehtiyojlarini qondiradi, balki ko‘pchilikning Xudoga ko‘pdan ko‘p tashakkurlar keltirishiga sabab bo‘ladi. Ularga hamda boshqalarga ko‘rsatgan saxiyligingiz va Masihning Xushxabariga ishonib, itoatkorona yashayotganingiz tufayli ko‘pchilik Xudoni ulug‘laydi. Axir, hadyangiz bularning dalolati–ku! Xudoning sizlarga ko‘rsatgan cheksiz inoyati sababli ular mehr–muhabbat bilan sizlar uchun ibodat qiladilar. Ta’rifiga til ojiz bo‘lgan ajoyib hadyasi uchun Xudoga shukr! Masihning O‘zi ko‘rsatgan muloyimlik va mehribonlik bilan sizlardan iltijo qilaman. Ba’zilar men haqimda, “Pavlus shaxsan oramizda bo‘lganda mo‘min–u, uzoqda bo‘lganda esa juda jasur ekan–a!” deb aytayotgan ekan. Ba’zilar meni bo‘shang odam, deb aytayotgan ekan. Men albatta bunday odamlarga qattiq muomila qilaman. Sizlardan o‘tinaman, sizlarga qattiq gapirishga meni majbur qilmanglar. Biz inson bo‘lib, bu dunyoda yashasak ham, bashariy kuch bilan jang qilmaymiz. Bizning qurol–aslahalarimiz bashariy manfaat uchun emas, balki ilohiy manfaat uchun ishlatiladi. Bu dunyoning qurol–aslahalariday emas. Xudoning qudrati bilan bu qurol–aslahalarimiz qal’aday mustahkam bo‘lgan insoniy o‘y–xayollarni hamda quruq safsatalarni yo‘q qilishga qodir. Xudoni tanib–bilishga to‘sqinlik qilayotgan takabburona dunyoqarashga biz barham beramiz. Har qanday o‘y–xayolni Masihga bo‘ysundirib, asir qilamiz. Shunday qilib, o‘zlaringiz ham to‘la bo‘ysunganingizdan keyin, biz birgalikda har xil itoatsizlikni jazolashga tayyor bo‘lamiz. Ko‘z oldingizda bo‘lganlarga qarang. Agar birortasi ishonch bilan: “Men Masihga tegishliman”, desa, quyidagini o‘ylab ko‘rsin: u tegishli bo‘lgan Masihga biz ham tegishlimiz. Egamiz tomonidan berilgan hokimiyat haqida juda ko‘p maqtansam ham, bundan hech xijolat bo‘lmayman. Axir, bu hokimiyat menga sizlarning imoningizni vayron qilish uchun emas, balki mustahkamlash uchun berilgan. [9-11] Darvoqe, ba’zilar: “U maktublarida talabchan va kuchli, lekin shaxsan biz bilan bo‘lganda esa zaif, so‘zlari ham ta’sirsiz”, deb aytayotgan ekan. Bunday deb aytayotganlar shuni bilib qo‘ysinlarki, men faqatgina maktublarimda ogohlantirib qolmayapman. Men maktublarimda qanday inson ekanligimni ko‘rsatgan bo‘lsam, huzuringizda bo‘lganimda ham shunday inson ekanligimni o‘z harakatlarim bilan isbotlayman. *** *** O‘zlarini maqtayotgan odamlarning qatoriga biz o‘zimizni qo‘shmaymiz, hatto ular bilan solishtirmaymiz. Ular o‘zlarini o‘zlari bilan o‘lchab, o‘zlarini o‘zlariga qiyos qiladilar. Bu qanday ahmoqlik! Biz haddan tashqari maqtanmaymiz. Xudo bizga yuklagan mas’uliyat va vazifa doirasidan chiqib ketmaymiz. Sizlar ham bizning mas’uliyatimiz doirasiga kirasizlar. Agar biz sizlarga mas’ul bo‘lmaganimizda edi, sizlarga qilgan muomalamizda haddimizdan oshgan bo‘lardik. Ammo o‘zlaringiz bilasiz–ku, birinchi bo‘lib sizlarga Masihning Xushxabarini keltirgan bizmiz. Biz haddimizdan oshib, boshqalarning qilgan mehnati bilan maqtanmaymiz. Umid qilamizki, imoningiz oshib boraveradi, shunda sizlarning yordamingiz bilan xizmatimiz yanada ko‘payadi. Shunday qilib, boshqalarning tayyor ishlari bilan maqtanmay, sizlardan uzoqroq bo‘lgan joylarga ham Xushxabarni yetkazaylik. Muqaddas Bitiklarda yozilganday: “Kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Egamizning qilgan ishlari bilan maqtansin!” O‘zini o‘zi maqtagan odam emas, balki Egamizning maqtoviga sazovor bo‘lgan odamgina Unga maqbul bo‘ladi. Qaniydi, sizlar mening ozgina axmoqlik qilishimga chidasangiz! Ilojingiz qancha? Axir, qarang, sizlar menga chidab kelyapsizlar–ku! Men sizlarni Xudoning rashki bilan qizg‘anyapman, chunki go‘yo bir pok bokira qizni yagona erga nikohlaganday, sizlarni Masihga taqdim etmoqchiman. Ammo Momo Havo ilonning yolg‘on–yashiqlariga ishonib, yo‘ldan ozdirilgani kabi, sizlarning ham o‘y–xayollaringiz buzilmasin, siz o‘zingizni chin yurakdan, samimiylik bilan Masihga bag‘ishlaganingizni unutib qo‘yasiz, degan xavotirdaman. Axir, birov kelib, biz va’z qilgan Isodan boshqa bir Iso haqida va’z qilsa yoki sizlar olgan Ruhdan boshqa bir ruh haqida va sizlar qabul qilgan Xushxabardan boshqa bir xushxabarni aytsa, bunday odamlarni xush qarshilab o‘tiribsiz. Sizlar “oliy havoriylar ” deb bilgan o‘sha ustozlaringizdan hech bir narsada qolishmayman, deb o‘ylayman. Men mohir voizxon bo‘lmasam–da, ilm–ma’rifatda hech kamchiligim yo‘q. Buni sizlarga har jihatdan ochiq–oydin ko‘rsatdim. Men sizlarni yuksaltirish uchun o‘zimni pasaytirib, Xudoning Xushxabarini sizlarga tekinga aytib, gunoh qildimmi?! Sizlarga xizmat qilish uchun boshqa jamoatlardan mablag‘ oldim. Bu bilan xuddi ulardan o‘g‘irlaganday bo‘ldim. Orangizda bo‘lib, muhtojlikda qolganimda ham birovga ortiqcha yuk bo‘lmadim, chunki Makedoniyadan kelgan birodarlar barcha ehtiyojlarimni qondirdilar. Men biron narsada sizlarga og‘irlik tushirmaslikka harakat qildim va shunday qilishda davom etaveraman. Qalbimda Masihning haqiqati borligiga shubha yo‘q, shu bois Axaya hududi bo‘ylab yoyilayotgan bu obro‘–e’tiborimni hech kim to‘ka olmasligiga aminman. Nima uchun sizlardan yordam so‘ramadim? Bu sizlarni yomon ko‘rishimdan darak beradimi? Mana, Xudoga ayon, sizlarni yaxshi ko‘raman. Men qilayotgan ishimni davom ettiraveraman. Ana shunda, bizning ishlarimiz Pavlusning xizmati bilan baravar, deb maqtanayotganlarning gaplariga hech bir asos bo‘lmaydi. Axir, ular o‘zlarini Masihning havoriylari qilib ko‘rsatayotgan soxta havoriylar va hiylakor xizmatchilar–ku! Buning hayron qoladigan joyi yo‘q, chunki hatto shayton ham o‘zini nurli farishta qilib ko‘rsatadi. Shuning uchun shaytonning xizmatkorlari o‘zlarini solihlik xizmatchilari qilib ko‘rsatayotganlarining hech ajablanarli joyi yo‘q. Oqibatda ular qilmishlariga yarasha jazo oladilar. Yana aytaman, biror kishi meni ahmoq ekan, deb aytmasin. Bordi–yu, sizlar shunday deb o‘ylasangiz, unda ahmoqlarga qanday munosabatda bo‘lsangiz, menga ham shunday munosabatda bo‘linglar, shunda men ham ozgina maqtanib olaman. Men balandparvozlik bilan gapirib, ahmoqlarday maqtanyapman. Bu Rabbimiz Isoga munosib emas. Modomiki, ko‘pchilik insoniy mavqei bilan maqtanayotgan ekan, mayli, men ham maqtanay. Axir, sizlar shunchalik donosizki, aqlsizlarga jon deb toqat qilasizlar. Haqiqat shuki, birortasi sizlarni o‘ziga asir qilsa ham, haqingizni yesa ham, talon–taroj qilsa ham, o‘zini katta tutsa ham, yuzingizga tarsaki solsa ham, ularning hammasiga toqat qilib kelyapsiz. Biz sizlarga o‘shanday muomala qilmadik. Shuning uchun biz sizning nazaringizda ojiz bo‘lib ko‘ringandirmiz–da?! Bundan uyalishimiz kerakmi?! Xo‘p, ahmoqlarcha gapirayotgan ekanman, odamlar nima bilan maqtanishga jur’at qilayotgan bo‘lsa, men ham o‘shalar bilan maqtanishga jur’at qilaman. Ular ibroniymi? Men ham ibroniyman! Ular Isroil xalqiga tegishlimi? Men ham Isroil xalqidanman! Ular Ibrohim naslidanmi? Men ham Ibrohim naslidanman! Ular Masihning xizmatkorlarimi? Men befarosatlik qilib aytyapmanki, ularning hammasidan ustunman. Zahmat desangiz, men ulardan ko‘proq zahmat chekdim. Zindon desangiz, ulardan ko‘proq zindonda yotdim. Zarba desangiz, men haddan tashqari ko‘p zarba yedim, hatto ko‘p marta o‘limga ro‘baro bo‘ldim. Yahudiylar tomonidan besh marta bir kam qirqtadan kaltak yedim. Rim amaldorlari meni uch marta kaltaklatdilar. Bir marta toshbo‘ron bo‘ldim, uch marta kemada halokatga uchradim, bir kechayu kunduzni dengiz bag‘rida o‘tkazdim. Ko‘p marta uzoq safarlarda bo‘ldim. Daryolarda tahlikada qoldim. Qaroqchilar hujumidan hayotim tahlikada qoldi. O‘z qondoshlarimu g‘ayriyahudiylar tufayli tahlika ostida qoldim. Shaharda tahlika, sahroda tahlika, dengizda tahlika, soxta birodarlar orasida tahlika! Men ancha mehnat va mashaqqat ostida, ko‘p marta uyqusizlikda, ochlik va tashnalikda qoldim. Ba’zan yeyishga nonim, sovuqda kiyishga kiyimim bo‘lmadi. Yana bulardan va qolgan boshqa narsalardan tashqari, har kuni barcha jamoatlar haqida qayg‘urish ham mening zimmamda. Ayting–chi, zaif odam bormi? Men undan ham zaifman. Birorta odam vasvasaga tushib, yo‘ldan ozganmi? Men vasvasa dastidan ado bo‘ldim–ku! Maqtanish kerak bo‘lsa, ojizligim bilan maqtanaman. Rabbimiz Isoning Otasi — abadiy hamdu sanoga loyiq Xudo biladiki, men yolg‘on gapirmayapman. Mana, Damashqda bo‘lganimda, shoh Aretasga qarashli viloyat hokimi meni tutib olish uchun Damashq shahrini nazorat ostiga olgan edi. Ammo meni savat ichida shahar devoridagi derazadan tushirishdi va men uning qo‘lidan qochib qutuldim. Maqtanishning hech foydasi yo‘q, ammo baribir maqtanishim kerak. Endi Egamiz ayon qiladigan vahiylarga kelsak, Masihga qarashli bir odamni bilaman. O‘n to‘rt yil oldin o‘sha odam yerdan arshi–a’loga ko‘tarildi. Badanda edimi yoki badandan tashqarida edimi, bilmayman, Xudo biladi. [3-4] Shuni bilamanki, badandami yoki badandan tashqaridami, men emas, Xudo biladi, o‘sha odam jannatga ko‘tarilganda insonning tili ta’riflashga ojiz bo‘lgan so‘zlarni eshitdi. Bunday so‘zlarni inson tilga olmasligi kerak. *** Bunday odam bilan maqtansam bo‘ladi. Lekin o‘zim haqimda bo‘lsa, ojizligimdan boshqa hech narsa bilan maqtanmayman. [6-7] Agarda o‘zim haqimda maqtanadigan bo‘lsam ham, ahmoqona ish qilgan bo‘lmayman, chunki haqiqatni gapirgan bo‘laman. Odamlar o‘sha haddan tashqari ajoyib vahiylarga qarab menga baho bermasinlar. Ammo boshqalar qilayotgan ishlarimga qarab yoki mendan eshitganlari bo‘yicha menga baho bersinlar, undan ortiq meni yuqori ko‘tarmasinlar, deb o‘zimni tutib turibman. Shuning uchun, meni kibrlanib ketmasin deb, badanimga bir nish, meni niqtalaydigan shaytonning elchisi berildi. *** Buni mendan olib tashlagin, deb uch marta Rabbimiz Isoga yolvordim. Lekin U menga shunday dedi: “Mening inoyatim doim senga yetarli bo‘ladi, chunki Mening qudratim sening ojizligingda to‘liq namoyon bo‘ladi.” Shunday qilib, Masihning qudrati men orqali ayon bo‘lishi uchun ojizligim bilan maqtanishni afzal ko‘raman. Shu sababdan Masih haqi ojizlikni, xo‘rliklarni, muhtojliklarni, quvg‘in va qiyinchiliklarni shodlik bilan qabul qilaman. Ayniqsa ojiz bo‘lgan paytimda, Masihning qudrati bilan kuchli bo‘laman. Men o‘zimni aqlsiz insonday tutdim. Ammo meni bunga o‘zlaringiz majbur etdingiz–ku, chunki sizlar meni maqtashingiz kerak edi. Mening o‘zim hech bir ahamiyatga ega bo‘lmasam–da, o‘sha “oliy havoriylardan ” hech bir kam joyim yo‘q. Orangizda bo‘lganimda har xil qiyinchiliklarga bardosh berganim, mo‘jizalaru alomatlar, qudratli ishlar qilganim haqiqiy havoriy ekanligimdan dalolat beradi. Xo‘sh, qachon men sizlarga boshqa jamoatlarga qaraganda yomonroq muomalada bo‘ldim? To‘g‘ri, sizlarga og‘irligimni tushirmadim. Agar bu sizlarga adolatsizlik bo‘lib tuyulsa, meni kechiringlar. Mana, sizlarning oldingizga uchinchi marta borishga tayyorman. Sizlarga yuk bo‘lmayman, chunki menga sizlarning narsalaringiz emas, o‘zingiz keraksiz. Zotan, farzandlar ota –onalari uchun emas, balki ota–onalar farzandlari uchun mol–mulk yig‘ishi lozim. Shodlik bilan bor mol–mulkimni, hatto o‘z jonimni ham sizlar uchun beraman. Men sizlarni shunchalik yaxshi ko‘rar ekanman, sizlarning meni kamroq yaxshi ko‘rishingiz to‘g‘ri ishmi?! Xo‘p, mayli, men sizlarga yuk bo‘lmabman–u, ammo yolg‘onu hiyla bilan sizlarni o‘z tomonimga og‘dirib olganmishman. Sizlarning oldingizga yuborgan birorta odam orqali sizlardan foydalanib oldimmi? Men Titusni sizning oldingizga borishga undadim. Haligi boshqa birodar bilan u sizlarning oldingizga borib, sizlardan foydalandimi? U men bilan bir niyatda xizmat qiladi, yo‘limiz bir–ku! Yuqorida aytib o‘tgan gaplarimizning hammasi o‘zimizni sizlarning oldingizda himoya qilish uchun yozilgan, deb o‘ylayapsizlarmi? Bilib qo‘ying, biz bu gaplarni Masihning qullari sifatida Xudoning shohidligida aytyapmiz. Aziz do‘stlar, qilayotgan ishlarimizning hammasi sizlarni imonda qo‘llab quvvatlash uchundir. Men bir narsadan qo‘rqib turibman: sizlarning oldingizga borganimda, nimani ko‘rarkinman, sizlar men o‘ylagan odamlar bo‘lib chiqmasangiz, men ham sizlar o‘ylagan odam bo‘lib chiqmasam-a! Borganimda orangizda janjalu hasadgo‘ylik, jaholat, raqobat, bo‘hton, g‘iybat, manmanlik va tartibsizlikni ko‘raman, degan xavotirdaman. Bordi–yu, yana yoningizga borganimda, orangizdagi ko‘pchilik oldin qilgan gunohlaridan tavba qilmay, ifloslik, jinsiy axloqsizlik va fisqu fujurni davom ettirayotgan bo‘lsa, Xudoyimning oldida uyatga qolmay, sizlar uchun motam tutib, yig‘lamayin. Men endi sizlarning oldingizga uchinchi marta boraman. O‘zingiz bilasiz, har bir ish ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi. Men sizlarning oldingizga ikkinchi marta borganimda gunoh qilganlarni ham, qolganlarni ham ogohlantirgan edim. Endi sizlarning oldingizda bo‘lmasam ham, yana ogohlantirib aytyapman, keyingi safar gunoh qilganlarning hech birini ayamayman. Masih men orqali gapirayotganini isbotlashimni xohlayapsiz. Mening xatti–harakatim buning dalili emasmi?! Masih sizlarga zaiflik bilan munosabat qilmaydi, U orangizda O‘z qudratini namoyish qilmoqda. U insoniy tanasining zaifligi tufayli xochga mixlanib o‘ldirilgan edi, ammo endi Xudoning qudrati tufayli tirikdir. Biz ham Masihning insoniy zaifligiga sherik bo‘lsak–da, o‘zingiz ko‘rasiz, Xudoning qudrati tufayli Masihning hayotiga ham sherikmiz. O‘zingizni o‘zingiz tekshirib ko‘ringlar. Qani, imonda turibsizlarmi? O‘zingizni sinab ko‘ringlar. Iso Masih orangizda ekanligini bilmaysizmi? Buni bilmasangiz, sinovdan o‘tmagan bo‘lasiz. Biz sinovdan o‘tganligimizni bilasiz, degan umiddaman. Sizlar hech qanday yomon ishlar qilmasligingizni Xudodan iltijo qilamiz. Bu bizning sinovdan o‘tganligimizni isbotlash uchun emas. Mabodo, biz sinovdan o‘tmagan bo‘lib tuyuladigan bo‘lsak ham, sizlar to‘g‘ri ish qilavering. Zotan, biz haqiqatga qarshi tura olmaymiz, balki haqiqat yo‘lida ish tutamiz. Bizlar zaif, sizlar esa kuchli bo‘lganingizdan xursandmiz. Axir, Xudoga iltijoimiz sizlarning komil bo‘lishingizdir. Shuning uchun sizlarning yoningizda bo‘lmasam ham shularni yozyapman. Toki oldingizga borganimda Egamiz menga bergan hokimiyat bilan sizlarga qattiq muomala qilmayin. Axir, menga bu hokimiyat sizlarni vayron qilish uchun emas, balki imoningizni mustahkam qilish uchun berilgan. Shunday qilib, birodarlarim, endi sizlar bilan xayrlashay. Kamolotga intilaveringlar, bir–biringizga dalda beringlar, hamfikr bo‘linglar, o‘zaro ahil–inoq bo‘lib yashanglar. Shunda mehr–muhabbat va tinchlik manbayi bo‘lgan Xudo sizlar bilan bo‘ladi. Bir–biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Xudoning bu yerdagi hamma azizlari sizlarga salom aytyapti. Rabbimiz Iso Masihning inoyati, Xudoning mehr–muhabbati va Muqaddas Ruhning hamrohligi hammangizga yor bo‘lsin! [1-2] Men — Pavlus va men bilan birga bo‘lgan hamma birodarlar Galatiya o‘lkasidagi imonlilar jamoatlariga salom yo‘llaymiz. Men insonlar tomonidan emas, inson orqali ham emas, balki Iso Masih va Uni tiriltirgan Otamiz Xudo tomonidan havoriy qilib tayinlanganman. *** Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat hamda tinchlik ato qilsin. Iso Masih bizni hozirgi yovuz zamondan qutqaray, deb bizning gunohlarimiz uchun O‘zini fido qildi. U shu yo‘sin Otamiz Xudoning irodasini ado etdi. Xudoga abadulabad shon-sharaflar bo‘lsin! Omin. Sizlar Xudodan shunchalik tez yuz o‘girib, boshqa bir Xushxabarga yuz burayotganingizdan juda hayronman. Axir, Masihning inoyati orqali Xudo sizlarni O‘z Xushxabariga da’vat qilgan edi. O‘sha Xushxabardan boshqa hech qanday xushxabar yo‘q–ku! Faqat ba’zilar sizlarni chalg‘itib, Masih haqidagi Xushxabarni buzib ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Ammo kimda–kim, hatto biz o‘zimizmi yoki osmondan kelgan biror farishtami, sizlarga biz yetkazgan Xushxabardan boshqa bir “xushxabar” keltirsa, u la’nati bo‘lsin! Men oldin ham aytgan edim, hozir ham aytyapman: kimki sizlar qabul qilgan Xushxabarga zid bo‘lgan xabarni targ‘ib etsa, la’nati bo‘lsin! Xo‘sh, men kimning maqtoviga sazovor bo‘lmoqchiman: insonlarningmi yoki Xudoningmi?! Nahotki insonlarni mamnun qilmoqchi bo‘lsam?! Agar men hali ham insonlarni mamnun qilayotgan bo‘lsam edi, Masihning quli bo‘lolmas edim! Ey birodarlar, sizlarga aytib qo‘yay: men targ‘ib etayotgan Xushxabar inson ijodi emas. Axir, men bu Xushxabarni insondan qabul qilmaganman yoki biror odamdan o‘rganmaganman. Uni menga Iso Masihning O‘zi vahiy orqali ayon qilgan. Men yahudiy diniga e’tiqod qilib, qanday hayot kechirganim haqida eshitgansizlar. O‘sha paytlarda Xudoning jamoatini shafqatsizlarcha quvg‘in qilardim, uni qirib tashlashga harakat qilardim. Qavmimdan bo‘lgan ko‘p tengdoshlarimga qaraganda, yahudiy dinini chuqurroq tushunib, ulardan ancha ilgarilab ketgan edim. Ota –bobolarimning urf–odatlari amal qilinishiga juda jonkuyarlik qilar edim. Ammo Xudo menga muruvvat qildi, inoyati bilan meni O‘ziga da’vat etib, onam qornida bo‘lganimdayoq meni tanlagan edi. Men boshqa xalqlar orasida Xudo O‘g‘li haqidagi Xushxabarni targ‘ib qilishim uchun, Xudo O‘z O‘g‘lini menga zohir qildi. Shunda men hech bir inson bilan maslahatlashmadim. Hatto mendan oldin havoriy bo‘lganlarni ko‘rishga Quddusga bormay, darhol Arabistonga jo‘nadim. Undan keyin yana Damashqqa qaytdim. Uch yildan keyin, Butrus bilan tanishay, deb Quddusga bordim. Uning yonida o‘n besh kun bo‘ldim. Ammo Quddusda Butrusdan va Rabbimiz Isoning ukasi Yoqubdan boshqa hech bir havoriyni ko‘rmadim. Men sizlarga nima yozayotgan bo‘lsam, Xudo shohid, hech biri yolg‘on emas. Undan so‘ng Suriya va Kilikiya viloyatlariga bordim. Yahudiya o‘lkasidagi imonlilar jamoatlari meni hali shaxsan tanimas edilar. O‘sha imonlilar men haqimda faqat boshqalarning: “U bir vaqtlar bizlarni quvg‘in qilib yurgan kishi edi. Endi esa ilgari ildizi bilan quritmoqchi bo‘lgan imonni o‘zi targ‘ib qilmoqda”, degan gaplarini eshitardilar va men tufayli Xudoni ulug‘lar edilar. O‘n to‘rt yil o‘tgandan keyin, men Barnabo bilan birga yana Quddusga bordim. Titusni ham yonimga olgan edim. Xudo menga bergan vahiyga binoan u yerga borgandim. O‘sha yerdagi jamoatning e’tiborli yetakchilari bilan alohida uchrashdim. Ularga g‘ayriyahudiylar orasida o‘zim targ‘ib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini bayon etdim. Bunday qilishim oldingi qilgan va hozir qilayotgan ishlarim behuda ketmasligi uchun edi. Hatto hamrohim Titus, yunon bo‘lishiga qaramay, sunnat qilinishga majbur etilmadi. Ammo ba’zi soxta birodarlar bildirmaygina oramizga kirib olib, Iso Masih bizga ato etgan ozodlik haqida surishtirib ko‘rdilar. Ularning maqsadi bizni yana qullarga aylantirish edi. Biz esa, Xushxabarning haqiqati doimo sizlar bilan bo‘lsin deb, ularga zarracha ham yon bermadik. E’tiborli hisoblangan yetakchilarga kelganda esa (ular qanday martabaga ega bo‘lganlari menga baribir, zotan Xudo insonlar orasida tarafkashlik qilmaydi) shuni aytay, ular mendan boshqa hech nima talab qilmadilar. Aksincha, yahudiylarga Xushxabar yetkazish Butrusga buyurilganday, g‘ayriyahudiylarga Xushxabar yetkazish menga buyurilganini ular tushunib yetdilar. Axir, Butrusni yahudiylar orasida havoriylik faoliyatini ko‘rsatishga tayinlagan Xudo meni ham g‘ayriyahudiylar orasida xizmat qilishga tayinladi. Shunday qilib, Xudo menga bu ish uchun alohida inoyat berganiga imonlilar jamoatining ustunlari hisoblangan Yoqub, Butrus va Yuhanno ishonch hosil qildilar. Men va Barnabo g‘ayriyahudiylar orasida, ular esa yahudiylar orasida xizmat qilishga rozi bo‘lib qo‘l tashlashdik. Ular faqat bizdan, kambag‘allarga g‘amxo‘rlik qilishni davom ettiringlar, deb iltimos qildilar. Shaxsan men anchadan beri bu haqda jon kuydirardim. Butrus Antioxiya shahriga kelganda, uning noto‘g‘ri ish tutayotganligini ochiqchasiga yuziga aytdim. Chunki Quddusdan — Yoqubning oldidan ba’zi odamlar kelmasidan avval Butrus g‘ayriyahudiylar bilan birga yeb–ichib yurgan edi. Ammo ular kelgandan keyin Butrus sunnat tarafdori bo‘lganlardan xavotirlanib, o‘zini chetga olgandi va g‘ayriyahudiylar bilan birga bir dastruxonda o‘tirmasdi. Shunda boshqa yahudiy masihiylar ham Butrusga o‘xshab ikkiyuzlamachilik qilishdi. Hatto Barnabo ham ularning ikkiyuzlamachiligi tufayli yo‘ldan ozdi. Men esa ular Xushxabarning haqiqati bo‘yicha ish tutmayotganini ko‘rib, hammaning oldida Butrusga shunday dedim: “Mana siz yahudiy bo‘la turib, yahudiylar kabi emas, g‘ayriyahudiylar kabi yashayapsiz. Shunday ekan, qanday qilib g‘ayriyahudiylarni yahudiylar kabi yashashga majbur qila olasiz?” To‘g‘ri, bizlar yahudiy naslidanmiz, gunohkor hisoblangan g‘ayriyahudiylardan emasmiz. Lekin shuni bilamizki, inson qonunga amal qilish bilan emas, balki Iso Masihga bo‘lgan imoni orqali oqlanadi. Shuning uchun ham biz qonunga amal qilish bilan emas, Masihga bo‘lgan imonimiz tufayli oqlanamiz, deb Iso Masihga ishondik. Axir, hech kim qonunga amal qilish bilan oqlanmaydi. Mana, biz Masih orqali oqlanishga intilyapmiz. Biz ham g‘ayriyahudiylar qatori gunohkor ekanligimizni bu ko‘rsatib turibdi. Demak, unday holda, gunohkorligimizning sababchisi Masih ekan–da? Yo‘q, aslo! Ammo men o‘zim qulatgan qonun–qoidalar binosini qaytadan qurishga kirishadigan bo‘lsam, unda men yana qonunbuzar bo‘lib qolaman. Axir, qonunning o‘zi meni o‘limga mahkum qildi. Endi men Xudo uchun yashay deb, qonun uchun o‘lganman. Men Masih bilan birga xochga mixlab qo‘yilganman. Endi yashayotgan men emas, balki Masihdir. U mening hayotimni boshqaryapti. Hali tirik ekanman, Xudoning O‘g‘liga bo‘lgan imon bilan yashayman. Axir, U meni yaxshi ko‘rib, O‘zini men uchun fido qilgan. Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin bo‘lganda edi, Masih behuda o‘lgan bo‘lardi. Ey befahm Galatiyaliklar! Kim sizlarni sehrlab qo‘ydi? Axir, Iso Masihning xochga mixlangani ko‘z o‘ngingizda aniq tasvir etilmaganmidi?! Sizlardan faqatgina bir narsani so‘rab bilmoqchiman! Xo‘sh, sizlar Ruhni qanday qilib oldingizlar: qonunga amal qilish orqalimi yoki eshitganlaringizga ishonish orqalimi? Sizlar shunchalik befahmmisizlar? Ruh qudrati bilan yangi hayot boshlagan ekansiz, endi uni o‘z insoniy kuchingiz bilan kamolga yetkazmoqchimisiz? Tatib ko‘rganlaringizning hammasi behuda ketdimi? Nahotki, rostdan ham behuda ketgan bo‘lsa?! Xudo sizlarga O‘z Ruhini ato etib, orangizda mo‘jizalar yaratmoqda. Nima deb o‘ylaysiz: U buni qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga ishonganingiz uchunmi?! Muqaddas Bitiklarda Ibrohim haqida shunday yozilgan: “U Xudoga ishondi, mana shu ishonchi uchun Xudo uni solih, deb bildi.” Shundan bilinglarki, kim imonli bo‘lsa, o‘sha inson Ibrohimning avlodi, deb hisoblanadi. Xudo dastavval Ibrohimga: “Barcha xalqlar sen orqali baraka topadilar”, deb Xushxabar keltirgan. Muqaddas Bitiklardagi bu oyat shuni ko‘rsatadiki, Xudo xalqlarni imon orqali oqlaydi. Shuning uchun kim imonli bo‘lsa, Xudoga ishongan Ibrohim qatori Xudoning barakasidan bahramand bo‘ladi. Qonunga amal qilish orqali Xudoni mamnun qilmoqchi bo‘lganlarning hammasi la’nat ostidadir. Axir, Muqaddas Bitiklarda: “Qonun kitobidagi amrlarning hammasini to‘liq bajarmaganlar la’nat ostidadir!” deb yozilgan–ku! Shunday ekan, ko‘rinib turibdiki, qonunga amal qilish bilan hech kim o‘zini Xudo oldida oqlay olmaydi, zotan “solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi.” Qonunni bajarish esa imonga asoslanmagan, “qonun amrlarini bajarganlar o‘sha amrlar tufayli hayotga ega bo‘ladi.” Masih esa bizning o‘rnimizga la’natlanib, bizni qonun la’natidan xalos qildi. Axir, Muqaddas Bitiklarda: “Yog‘ochga osilgan har bir kishi la’natidir”, deb yozilgan–ku! Shu yo‘sin g‘ayriyahudiylar ham Iso Masih orqali Xudoning Ibrohimga va’da qilgan barakalaridan bahramand bo‘ladilar, biz ham imon orqali Xudo va’da qilgan Ruhni olamiz. Birodarlar! Hayotdan bir misol keltiray: odamning vasiyati tasdiqlangandan keyin uni hech kim bekor qilolmaydi va unga hech narsa qo‘sholmaydi. Endi esa Xudoning Ibrohimga va uning zurriyotiga bergan va’dalariga qaraylik. Muqaddas Bitiklarda Ibrohimga: “Sening zotlaringga”, deb aytilmagan, aksincha, “Sening zurriyotingga”, deb aytilgan. Demak va’dada ko‘pchilik emas, balki faqat bir kishi, ya’ni Masih nazarda tutilgan. Shuni aytmoqchimanki, Xudo Ibrohim bilan ahd tuzgandan so‘ng 430 yil o‘tgach qonun berildi. Ammo tasdiqlangan ahdni qonun kuchdan qoldirmadi, demak, Xudoning va’dasini bekor qilmadi. Agar Xudoning in’omi insonlarning qonunga amal qilishiga ko‘ra beriladigan bo‘lsa, demak, va’daga ko‘ra berilmaydi. Ibrohimga esa Xudo O‘z in’omini va’da bo‘yicha berdi. Unday holda qonun nima uchun berilgan? Qonun gunohkorligimizni ko‘rsatish uchun berilgandi. Ibrohimning va’da olgan zurriyoti kelmaguncha, bu qonun joriy bo‘lishi kerak edi. Qonun farishtalar tomonidan, bir vositachi orqali xalqqa berildi. Vaholanki, odam bir o‘zi ish qilganda, vositachi kerak bo‘lmaydi. Tanho bo‘lgan Xudo esa va’da berganda hech bir vositachisiz beradi. Xo‘sh, qonun Xudoning va’dalariga zidmi? Aslo! Agar abadiy hayot ato qilishga qodir bir qonun berilgan bo‘lsa edi, unda shubhasiz qonunga amal qilish bilan oqlansa bo‘lar edi. Ammo Muqaddas Bitiklarga ko‘ra butun borliq gunohning tutqunidir. Shuning uchun va’da faqat Iso Masihga ishonish orqali ro‘yobga chiqadi va imonlilarga nasib bo‘ladi. Imon yo‘li ayon bo‘lishidan avval, biz qonun nazorati ostidagi tutqunlar edik. O‘sha imon ayon bo‘lishini kutayotgan edik. Boshqacha aytganda, qonun Masihga boshlovchi murabbiyimiz edi. Endi esa biz Masihga bo‘lgan imon orqali oqlanamiz. Mana imon yo‘li ayon bo‘lgan ekan, biz endi murabbiyning tarbiyasida emasmiz. Endi sizlar Iso Masihga bo‘lgan imoningiz orqali Xudoning farzandisizlar. Sizlar suvda cho‘mdirilib, Masih bilan birlashdingiz. Har biringiz Masihga burkanib oldingiz. Endi na yahudiy, na yunon bor, na qul, na ozod bor, na erkak, na ayol bor. Sizlar Iso Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun, hammangiz birsizlar. Sizlar Masihniki ekansizlar, demak Ibrohimning ham zurriyotisizlar, berilgan va’daning barakalaridan bahramand bo‘lasizlar. Men bunday demoqchiman: merosxo‘r hali yosh bola ekan, garchi u butun mulkning egasi bo‘lsa ham, quldan hech farq qilmaydi. U otasi belgilagan fursatgacha vasiyga va uy–ro‘zg‘orni boshqaruvchi xizmatkorga bo‘ysunadi. Xuddi shu singari, bizlar ham oldin bolalarday edik. Xurofot kuchlariga qul edik. Muddat bitgandan keyin, Xudo O‘z O‘g‘lini yubordi. Bu o‘g‘il qonun ostidagi hayot uchun ayoldan tug‘ildi. Xudoning O‘z O‘g‘lini yuborishdan maqsadi bizni qonun ostidagi hayotdan xalos etib, O‘ziga farzand qilib olish edi. Biz Xudoning farzandlari ekanligimizni ko‘rsatish uchun U yuragimizga O‘z o‘g‘lining Ruhini yubordi. Bu Ruh orqali biz Xudoni: “ Ota! Otajon!” deb chaqiramiz. Demak, endi siz qul emas, balki farzandsiz. Farzand ekansiz, Xudoning sharofati bilan U va’da qilganlarga egasiz. Oldin sizlar Xudoni bilmagan paytingizda, asli xudolar bo‘lmagan kuchlarga qul edingiz. Endi esa Xudoni bilasizlar, to‘g‘rirog‘i, Xudo sizlarni biladi. Shunday ekan, qanday qilib yana o‘sha kuchsiz, qadrsiz xurofotlarga qaytyapsiz?! Yana o‘shalarga qul bo‘lishni xohlaysizmi?! Sizlar belgilangan alohida kunlar, oylar, yillarga rioya qilib, diniy marosimlar o‘tkazyapsiz! Sizlar uchun qayg‘uryapman! Nahotki sizlarni deb chekkan zahmatlarim bekor ketgan bo‘lsa?! Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, menga o‘xshagan bo‘linglar, chunki men ham sizlarga o‘xshab qonun ostidagi hayotdan ozodman. Sizlar menga hech ham ozor bermagansiz. O‘zingiz bilasiz, men sizlarga birinchi marta Xushxabar aytganimda, jisman ojiz edim. Ojizligim tufayli sizlarga og‘irligim tushgan bo‘lsa ham, mendan nafratlanmadingiz, meni rad etmadingiz. Aksincha, meni Xudoning farishtasiday, xuddi Iso Masihning O‘zini qabul qilganday qabul qildingizlar. Qani endi o‘sha xayrixohligingiz?! Axir, o‘zim shohidman: agar iloji bo‘lganda, hatto ko‘zlaringizni ham sug‘urib olib, menga bergan bo‘lardingiz! Nahotki endi sizlarga haqiqatni aytganim uchun dushmaningiz bo‘lib qolgan bo‘lsam?! Ba’zi birovlar sizlarni o‘zlariga og‘dirib olishga tirishmoqdalar. Lekin ular sizlarning foydangizni ko‘zlamayapti, balki bizni bir–birimizdan ajratib tashlamoqchi. Shunda sizlar ularning atrofida girdikapalak bo‘lasizlar. Yaxshi g‘oyaga bag‘ishlanish yaxshidir. Lekin bu faqat men sizlarning oldingizdaligimda emas, balki doim shunday bo‘lishi kerak. Bolalarim, men sizlarni yangidan tug‘ayotganday, to‘lg‘oq azobidaman. Maqsadim shuki, sizlarda Masihning tabiati namoyon bo‘lsin. Sizlar meni taajjubga solib qo‘ydingiz! Qani endi sizlarning oldingizda bo‘lsam–u, boshqa ohangda gapira olsam! Ey sizlar, qonun ostidagi hayotni afzal ko‘rganlar, menga aytinglar–chi, nahot sizlar Tavrotdagi qonunlarni tushunmasangizlar?! Axir, unda yozilganlardan bilamizki, Ibrohimning ikki o‘g‘li bo‘lgan. O‘g‘illarining biri cho‘ridan, ikkinchisi esa ozod ayoldan tug‘ilgan. Cho‘risiniki inson tashabbusi bilan, ozod xotininiki esa Xudoning va’dasiga binoan tug‘ilgan edi. Bunda ramziy ma’no bor. Ikki ona Xudoning ikki ahdini bildiradi: birinchisi — qullar tug‘adigan Hojar bibi Sinay tog‘ida qilingan ahdning ramzidir. Hojar Arabistondagi Sinay tog‘ini bildirsa–da, u yahudiy dinining markazi bo‘lgan hozirgi Quddusning ramzidir. Axir, Quddus va uning bolalari qullikdalar–ku. Samoviy Quddus esa ozoddir: u bizlarning onamizdir! Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Ey bola ko‘rmagan bepusht ayol! Shod bo‘lgin! Ey to‘lg‘oq og‘rig‘ini bilmagan ayol! Xitob qil, hayqirgin! Axir, tashlab ketilgan ayolning bolalari Eri bor xotinnikidan ham ko‘proq bo‘ladi!” Sizlar esa, ey birodarlar, Is’hoqqa o‘xshab va’daga binoan tug‘ilgan farzandlarsiz. O‘sha zamonda tabiiy yo‘l bilan tug‘ilgan o‘g‘il Ruhning kuchi bilan tug‘ilgan o‘g‘ilni quvg‘in qildi. Hozir ham xuddi shunday. Ammo bu haqda Muqaddas Bitiklarda nima deyilgan? “Cho‘rini va uning o‘g‘lini haydab yuboring. Chunki cho‘rining o‘g‘li ozod ayolning o‘g‘li bilan birga merosxo‘r bo‘lmaydi.” Shunday qilib, ey birodarlar, biz cho‘rining emas, balki ozod ayolning farzandlarimiz. Bizga erkinlik berish uchun Masih bizni ozod qildi. Endi shu erkinlikni mahkam tutinglar, qaytadan qullik bo‘yinturug‘ini taqmanglar. Mana, men, Pavlus, sizlarga aytyapman: agar sizlar sunnat qilinsangiz, Masih sizlarga hech qanday foyda keltirmaydi. Sunnat qilinadigan har bir odamga yana ta’kidlab aytaman: u butun qonunni bajarishga majburdir. Sizlar, qonunni bajarish bilan o‘zimizni oqlaymiz, deb Masihdan ajraldingizlar va o‘zingizni Xudoning inoyatidan mahrum qildingizlar. Bizlar esa Ruhga tayanib, Xudo bizni imonimiz tufayli solih, deb e’lon qilishini intizorlik bilan kutyapmiz. Iso Masihga tegishli bo‘lganlar orasida sunnat qilingan, qilinmaganlikning hech ahamiyati yo‘q. Faqatgina mehr–muhabbat orqali ifodalangan imonimiz muhimdir. Sizlar imon yo‘lida olg‘a qadam bosayotgan edingiz. Xo‘sh, haqiqatga quloq solishingizga kim xalaqit berdi? Albatta Xudo emas! Uning O‘zi sizlarni da’vat qilgan–ku! Esingizda bo‘lsin, ozgina xamirturush butun xamirni achitadi! Ishonamanki, sizlar bu xususda boshqacha fikr qilmaysizlar. Bu ishonchni Rabbimiz Isoning o‘zi menga berdi. Ammo sizlarning fikringizni chalg‘itayotgan, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, jazosini oladi. Birodarlar, bordi–yu, men hamon sunnatni targ‘ib etayotgan bo‘lganimda edi, quvg‘inlarga duchor bo‘lmagan bo‘lardim. Bunday holda Iso Masihning xochdagi qurbonligi haqidagi targ‘ibotim hech kimning jahlini chiqarmasdi. Qaniydi, sizlarni chalg‘itayotganlarning o‘zlari birato‘la bichilsa! Ey birodarlar, sizlar ozod hayot kechirishga da’vat qilingansizlar. Lekin bu o‘zingizning xudbin istaklaringizga erk berish degani emas, aksincha bir–biringizga muhabbat bilan xizmat qilinglar, deganidir. Axir, qonun: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving”, degan gapda mujassam. Ehtiyot bo‘linglar! Hadeb tishlashib, g‘ajishavermanglar, bo‘lmasa oxiri bir–biringizni yeb bitirasiz! Yana shuni aytayin: Ruh yetakchiligida hayot kechiring, shunda xudbin istaklaringizni qondirmaysiz. Axir, o‘shanday insoniy istaklar Ruhga qarshi, Ruhning istaklari esa insoniy xudbin istaklarga qarshidir. Bularning ikkalasi bir–biriga qarshi, shuning uchun sizlar xohlaganingizni qila olmaysizlar. Ammo Ruh sizni boshqarsa, siz qonunning amri ostida emassiz. Xudbin istaklarga erk berish quyidagilarni keltirib chiqarishi hammaga ayon: fahsh–zino, harom –harishlik, axloqiy buzuqlik, butparastlik, folbinligu issiq–sovuq qilishlar, dushmanlik, janjalkashlik, rashk, jahldorlik, g‘alamislik, nizolaru har xil guruhlarga bo‘linish, baxillik, ichkilikbozlik, aysh–ishratga berilish va shularga o‘xshash ishlar. Sizlarni oldin ogohlantirgandim, yana ogohlantiryapman: bunday ishlarni qiluvchilar Xudo Shohligidan bahramand bo‘lmaydi. Ruhning samarasi esa quyidagilardir: muhabbat, sevinch, xotirjamlik, sabr–toqat, mehribonlik, ezgulik, ishonch, muloyimlik va o‘zini tuta bilish. Bu xislatlarga qarshi biror qonun yo‘q. Iso Masihga tegishli bo‘lganlar o‘zlarining xudbin istaklarini va ehtiroslarini xochga mixlab qo‘yganlar. Ruh hayotimiz manbayi ekan, endi Ruhning yetakchiligi ostida hayot kechirishimiz lozim. Shuhratparast bo‘lmaylik, bir–birimizni gijgijlamaylik, baxillik qilmaylik. Ey birodarlar, deylik, orangizdan birortasi gunoh qilib qo‘yganini bilib qoldingiz. Sizlar, Ruhning yetakchiligida hayot kechirayotganlar, uni muloyim ruh bilan to‘g‘ri yo‘lga solinglar. O‘zingizga ehtiyot bo‘ling, tag‘in o‘zingiz ham vasvasaga yo‘liqib qolmang. Boshingizga g‘am–tashvish tushganda, bir–biringizni qo‘llab–quvvatlanglar. Shunday qilsangizlar, Masihning amrlarini bajargan bo‘lasizlar. Axir, biror kishi, garchi o‘zi hech narsa bo‘lmasa–yu, o‘zini muhim, deb hisoblasa, o‘zini o‘zi aldagan bo‘ladi. Har kim o‘z ishini tekshirib ko‘rsin. Shunda u faqat o‘zidan faxrlansa bo‘ladi, boshqalar maqtanishga hojat qolmaydi. Zotan har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim. Kalomdan ta’lim oluvchi esa bor bisotini ustozi bilan baham ko‘rishi kerak. O‘zlaringizni aldamanglar! Xudoni laqillatib bo‘lmaydi. Inson nima eksa, shuni o‘rib oladi. Xudbin istaklarini qondirish uchun urug‘ ekkanlar o‘sha xudbin istaklari tufayli halokatni o‘rib oladilar. Ruhni mamnun qilish uchun urug‘ ekkanlar esa Ruhdan abadiy hayot o‘rib oladilar. Shunday ekan, yaxshilik qilishdan charchamaylik. Agar holdan toyib qolmasak, o‘z vaqtida buning hosilini o‘rib olamiz. Demak, hali fursat bor ekan, hammaga, ayniqsa, Masih xonadoniga tegishli bo‘lganlarga yaxshilik qilaveraylik. Mana qaranglar, endi sizlarga o‘z qo‘lim bilan, qanday yirik harflar bilan yozyapman! Sizlarni sunnat bo‘lishga majbur qilayotganlar sirtdan yaxshi taassurot qoldirmoqchi bo‘lyaptilar. Masihning xochi uchun quvg‘inga duchor bo‘lmaylik, deya shunday qilyaptilar. Holbuki, sunnatni tadbiq qilayotganlarning o‘zlari ham qonunga rioya etmaydilar. Ular faqatgina sizlarning sunnat qilinganingiz bilan maqtanishni istaydilar. Men esa Rabbimiz Iso Masihning xochidan boshqa hech narsa bilan maqtanmayman. O‘sha xoch tufayli bu dunyo men uchun o‘lgan, men esa bu dunyo uchun o‘lganman. Axir, sunnat qilingan yoki qilinmaganlikning hech ahamiyati yo‘q. Muhimi — yangidan yaratilishdir. Bu qoidaga ko‘ra yashayotganlarning hammasiga, ya’ni Xudoning haqiqiy xalqiga tinchlik va marhamat yor bo‘lsin! Endi hech kim menga aziyat bermasin. Axir, tanamdagi chandiqlar Isoga tegishli ekanligimni ko‘rsatadigan tamg‘alar–ku! Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Omin. Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan Iso Masihga sodiq bo‘lgan Efes shahridagi Xudoning azizlariga salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin. Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U samodagi barcha ruhiy barakalarni Masih orqali bizlarga berdi. Masihga tegishli bo‘lishimiz uchun Xudo bizni dunyo yaratilishidan oldin tanladi. Endi biz Xudoning oldida muqaddas va benuqson, bir–biriga mehr bog‘lagan insonlar bo‘la olamiz. Xudo bizni Iso Masih orqali O‘ziga farzand qilib olishni azaldanoq qaror qilgan edi. Xudoning xohish–irodasi shu bo‘lib, bundan U huzur–halovat topdi. Shu tariqa O‘zining suyukli O‘g‘li orqali bizga buyuk inoyatini ko‘rsatgan Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. [7-9] Masihning to‘kilgan qoni orqali Xudo bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi. Shunday qilib, Xudo bizning hayotimizni to‘ldirgan inoyati qanchalik boy ekanligini ko‘rsatdi. U bizga donoligu aql–idrok ato etdi. O‘z irodasining sirini ma’lum qildi. Bu irodasi Iso Masih orqali bajo bo‘lishini Xudo oldindan rejalashtirgan edi va bundan U huzur–halovat topdi. *** *** Xudo bu rejani O‘zi belgilagan vaqtda to‘la amalga oshirib, yeru osmondagi bor mavjudotni Masihning hokimiyati ostiga birlashtiradi. Biz Masih orqali Xudoning xalqi bo‘ldik. Bu Xudoning azaldan belgilagan rejasi bo‘yicha amalga oshdi. Axir, Xudo har bir narsani O‘z xohish–irodasi bo‘yicha amalga oshiradi. Shunday ekan, biz — Masihga umid bog‘laganlar, hammamiz Xudoga shon–shuhrat keltirish uchun yashashimiz lozim. Sizlar haqiqat kalomi, ya’ni najot keltirgan Xushxabarni eshitgan edingiz. Shu tufayli Masihga imon keltirgan edingiz. Xudo O‘zi va’da qilgan Muqaddas Ruhni sizlarga berib, Unga tegishli ekanligingizni ko‘rsatdi. Kelajakda oladigan qut–barakalarimizga kafil sifatida bizga Muqaddas Ruh berilgan. Ha, Xudo bizni qutqarib, O‘ziga xalq qilib olgani uchun bizda Muqaddas Ruh bor. Shularning hammasi Xudoga shon–shuhrat keltiradi. Rabbimiz Isoga bo‘lgan imoningiz va Xudoning aziz xalqiga bo‘lgan mehr–muhabbatingiz haqida eshitganimdan beri, sizlar uchun ibodat qilganimda tinmay Xudoga shukrlar aytaman. Rabbimiz Iso Masihning Xudosi, ulug‘vor Otamiz, O‘zini tanib–bilishingiz uchun Muqaddas Ruh orqali sizga donolik va aql–idrok bersin. Xudo sizlarning qalbingizni nurga to‘ldirsin, toki Xudo sizlarni da’vat qilib, sizlarga qanday umid berganligini, Xudoning xalqi U uchun naqadar boy mulk ekanligini tushunib olinglar. Xudoning biz — imonlilarga ko‘rsatgan tengi yo‘q qudrati naqadar buyukligini ham bilib oling. Mana shu buyuk qudrati bilan Xudo Masihni o‘likdan tiriltirdi va samoda Uni O‘zining o‘ng tomoniga o‘tirg‘izdi. Isoni Xudo u dunyoyu bu dunyodagi har bir hokimiyat va hukmronlik, har qanday kuch va saltanat, har bir mavjudotdan ustun qildi. Butun borliqni Isoning oyoqlari ostiga tobe qildi. Uni butun borliqdan yuqori qo‘yib, imonlilar jamoatiga bosh qildi. Imonlilar jamoati Masihning tanasidir. Borliqni har jihatdan butun qiladigan Masih jamoatni barkamol qiladi. Sizlar bir vaqtlar gunohlaru ayblaringiz tufayli ruhan o‘lik edingizlar. Sizlar bu dunyoning odatlari bo‘yicha, yovuz ruhiy kuchlarning hokimi bo‘lgan shaytonga bo‘ysunib, gunohga botib yashardingiz. Xudoga itoat qilmay yashayotganlarning yuraklarida amal qilayotgan — shayton. Biz ham bir vaqtlar xudbin istaklarimizni qondirib yashar edik. Tananing ehtiroslari va bema’ni o‘y–xayollarga berilib yashaydigan, barcha odamzod kabi tabiatan Xudoning qahr–g‘azabiga loyiq bo‘lgan itoatsiz insonlar edik. Ammo mehr–shafqatga boy Xudo O‘zining bizga bo‘lgan buyuk muhabbatini quyidagicha ko‘rsatdi: Garchi biz gunohlarimiz tufayli ruhan o‘lik bo‘lsak ham, Xudo bizni Masih bilan birga tiriltirdi. Biz Xudoning inoyati tufayli qutqarilganmiz. Xudo bizni Masih bilan birga tiriltirdi va bizga samoda U bilan birga joy berdi. Bular Iso Masih tufayli amalga oshdi. Xudoning inoyati behad mo‘l ekanligi to abad namoyon bo‘lishi uchun U bizga Iso Masih orqali mehr–shafqat ko‘rsatdi. Axir, sizlar Xudodan inoyat topib, imon orqali najot topgansiz. Bu Xudoning in’omidir, sizning yutug‘ingiz emas. Yana hech kim: “Men savob ishlarim tufayli qutulganman”, deb maqtanmasin. Axir biz Xudoning ijodimiz. Xudo bizni xayrli ishlar qilishimiz uchun Iso Masih orqali yaratdi, bu ishlarni biz uchun azaldanoq tayyorlab qo‘ygan edi. Esingizda bo‘lsin, sunnat qilingan yahudiylar bir vaqtlar siz — g‘ayriyahudiy bo‘lganlarni “sunnatsiz”, deb atardilar. Vaholanki, yahudiylarning sunnati faqatgina jismoniy sunnat edi. O‘sha paytda sizlar Masihni bilmas edingizlar, Isroil xalqiga tegishli emasdingiz. Xudoning Isroil xalqi bilan tuzgan ahdlariga va bergan va’dalariga begona bo‘lib, bu dunyoda umidsiz va Xudosiz yashar edingiz. Sizlar oldin Xudodan uzoq edingiz, endi esa Iso Masih orqali, Uning to‘kilgan qoni tufayli Xudoga yaqinlashdingiz. Masihning O‘zi bizning tinchlik manbaimizdir. U O‘z tanasini fido qilib, yahudiylar va g‘ayriyahudiylarni birlashtirdi, ularning orasidagi adovat devorini qulatdi. Iso Masih yahudiylarga berilgan qonunni va uning amrlariyu qoidalarini bekor qildi. Masih tufayli g‘ayriyahudiylar bilan yahudiylar birlashib, yangi bir xalq bo‘ldilar, shunday qilib Masih tinchlik o‘rnatdi. Xochdagi o‘limi orqali Masih g‘ayriyahudiylarni ham, yahudiylarni ham Xudo bilan yarashtirdi–da, ularning orasidagi adovatni yo‘q qildi. Masih kelib, sizlarga, ya’ni oldin Xudodan uzoq bo‘lganlarga hamda Xudoga yaqin bo‘lganlarga tinchlik Xushxabarini e’lon qildi. Masih tufayli endi hammamiz bir Ruh orqali Otamiz Xudoning huzuriga kira olamiz. Demak, sizlar endi begona ham, kelgindi ham emassizlar, balki Xudoning aziz xalqi qatoridasiz, Uning xonadoni a’zosi bo‘ldingizlar. Sizlar xuddi bir binodaysizlar. Bu binoning asosi havoriylaru payg‘ambarlardir. Binoning tamal toshi esa Iso Masihning O‘zidir. Bu imorat Rabbimiz Iso Masih orqali bir bo‘lib, yuksalib boradi va Unga bag‘ishlangan muqaddas ma’bad bo‘ladi. Iso Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun sizlar ham bu imoratning bir qismisiz. Bu imoratni Xudoning Ruhi O‘ziga maskan qilib oladi. Mana, siz — g‘ayriyahudiylarga qilgan xizmatim sababli, Iso Masih haqi mahbus bo‘lganman. Xudo O‘z inoyatini sizlarga yetkazish vazifasini menga topshirdi. Sizlar albatta bu haqda eshitgansizlar. Yuqorida qisqacha yozganimday, Xudo bu sirni menga vahiy orqali ma’lum qildi. Sizlar yozganlarimni o‘qib, Masih haqidagi sirni qanday fahmlaganimni tushunib olasizlar. Bu sir oldingi nasllarga ayon qilinmagan edi. Endi esa Muqaddas Ruh orqali Xudoning muqaddas havoriylari va payg‘ambarlariga ayon qilindi. Bu sirning mohiyati quyidagichadir: g‘ayriyahudiylar ham Xushxabarga ishonib Iso Masih orqali Xudo O‘z xalqiga ato qiladigan barakalarga sherik bo‘ladilar. Ular bilan birga bir tana bo‘lib, Xudoning O‘z xalqiga bergan va’dasidan bahramand bo‘ladilar. Xudoning inoyati bo‘yicha Xushxabarni tarqatish xizmati menga topshirildi. Menga bu inoyatni Xudo kuch–qudrati orqali berdi. Men Xudoning azizlari orasida eng arzimagani edim. Masihning aql bovar qilmas boyligi haqidagi Xushxabarni g‘ayriyahudiylarga yetkazishim uchun Xudoning inoyati menga berildi. Xudoning sirli rejasini endi hammaga oshkor qilish vazifasi menga yuklandi. Butun borliqni yaratgan Xudo bu sirni asrlar davomida pinhon tutgan edi. O‘zining ko‘p qirrali donoligi imonlilar jamoati orqali samoviy kuchlaru saltanatlarga ma’lum bo‘lishi uchun Xudo shunday qildi. Xudoning Rabbimiz Iso Masih orqali ro‘yobga chiqargan azaliy maqsadi shu edi. Iso Masih va Unga bo‘lgan imonimiz tufayli Xudoning huzuriga dadillik va to‘la jasorat bilan yaqinlashish imkoniga egamiz. Shunday ekan, sizlardan o‘tinaman, mening azob–uqubatlarimni deb, ruhingiz hech tushmasin. Aksincha, sizlar uchun chekkan azob–uqubatlarim bilan faxrlaninglar. Yuqorida aytib o‘tganlarim haqida o‘ylasam, samoviy Otamiz oldida tiz cho‘kib, ibodat qilaman. Yer yuzidagi va osmonu falakdagi har bir jonzotning hayot manbayi samoviy Otadir. Mening toat–ibodatlarim quyidagichadir: Xudo O‘zining ulug‘vor boyligi bilan sizlarga kuch–qudrat berib, O‘z Ruhi bilan ichki borlig‘ingizni baquvvat qilsin. Imoningiz orqali Masih yuragingizdan joy olsin. Sizlar chuqur ildizli daraxtday bo‘ling, Xudoning sevgisi sizlarni barqaror qilsin. [18-19] Xudoning barcha azizlari bilan birga Masihning aql bovar qilmas sevgisi qanchalik keng, qanchalik cheksiz, qanchalik yuksak va teran ekanligini to‘la anglab, bilib olinglar. Shunda hayotingiz Xudoning kamolotiga to‘lib toshadi. *** Xudo hayotimizda amal qilayotgan qudrati bilan biz so‘ragan yoki tasavvur qilganlarimizni va hatto xayolimizga kelmaganlarni ham bajarishga qodirdir. Imonlilar jamoati va Iso Masih orqali Xudoga nasllar osha to abad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Rabbimiz Iso haqi mahbus bo‘lgan men — Pavlus sizlardan o‘tinib so‘rayman: Xudo sizlarni O‘ziga da’vat qilganini yoddan chiqarmay, shu da’vatga munosib tarzda yashanglar. Doimo kamtar va muloyim bo‘linglar, mehr–muhabbat bilan bir–biringizga sabr–toqatli bo‘linglar. O‘zaro tinch–totuv yashab, Muqaddas Ruh ato qilgan birdamlikni saqlashga jon kuydiringlar. Hammamiz bir tananing a’zolarimiz, qalbimizdagi Muqaddas Ruh ham birdir. Xuddi shuningdek, Xudo bizni da’vat qilib, hammamizga bergan umid ham birdir. Rabbimiz bir, imonimiz ham birdir, bir maqsadda suvga cho‘mdirilganmiz. Barchamizning Otamiz Xudo birdir. U hammamizdan ustun bo‘lib, hammamiz orqali O‘z irodasini bajo qiladi. U hammamizning oramizdadir. Masih O‘z inoyatiga ko‘ra har birimizga turli xil in’omlar bergan. Mana, Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan: “Yuksaklarga chiqdi U, Asirlarni ortidan ergashtirdi. Insonlarga hadyalar berdi.” U yuksaklarga chiqdi, degan so‘zlar nimani bildiradi? U oldin pastga — yer yuziga tushgandan boshqa nimani bildirishi mumkin?! Pastga tushgan Zot, koinotni har jihatdan butun qilay, deb, falak toqidan ham yuqoriroqqa chiqdi. Masih ba’zilarni havoriy, ba’zilarni esa payg‘ambar, ba’zilarni Xushxabar voizi, yana boshqalarni jamoatlarning cho‘ponlariyu ustozlari qilib tayinladi, toki ular Xudoning aziz xalqini xizmat qilishga tayyorlasinlar. Shunda Masihning tanasi, ya’ni jamoat imonda mahkam turadi. Buning natijasida hammamiz imonda yakdil, Xudo O‘g‘lini tanib–biladigan, Masihning kamoliga erishgan yetuk odamlar bo‘lamiz. Biz shamol esgan tomonga egiladigan novdaday bo‘lgan go‘daklarga o‘xshamaymiz. Har xil ta’limotlar va quv odamlarning hiylayu ayyorliklariga laqqa tushavermaymiz. Kelinglar, mehr–muhabbat bilan haqiqatni aytib, jamoatning boshi bo‘lgan Masihga o‘xshab har jihatdan yetuk insonlar bo‘laylik. Uning boshchiligida butun badan payu bo‘g‘inlar yordamida o‘zaro ulanadi va birikadi. Har bir a’zo o‘z vazifasini bajarar ekan, butun badan o‘sib boradi va mehr–muhabbat tufayli baquvvat bo‘ladi. Shunday ekan, Rabbimiz Isoning nomidan qat’iy tayinlab, sizlarga aytaman: endi behuda o‘y–xayollarga berilgan Xudosiz odamlarday yashamanglar. Ularning onglari zulmatga botib qolgan, Xudo beradigan yangi hayotga begonadirlar, chunki ular bag‘ritosh bo‘lib, jaholatda qolganlar. Ular har qanday or–nomus tuyg‘usini yo‘qotib, fisqu fujurga berilganlar, har xil iflos ishlarni ishtiyoq bilan qiladilar. Ammo sizlar Masihdan bunday ishlarni o‘rganmagansiz. Sizlar Masihning so‘zlarini eshitib, Uning ta’limotini olgansizlar, chunki haqiqat Masihda jamdir. Oldingi yashash tarzingizga tobe bo‘lmang, eski o‘zligingizdan voz keching, chunki u aldovchi ehtiroslar tufayli buzilib ketgan. Yangichasiga fikr–zikr qiladigan bo‘linglar. Xudoning suratida yaratilgan, haqiqiy solihlik va muqaddaslikdan iborat bo‘lgan yangi tabiatga burkaninglar. Endi yolg‘onchilikni bas qilib, har biringiz o‘z yaqiningizga haqiqatni aytinglar, axir hammamiz bir tananing a’zolarimiz–ku. Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmang. Quyosh botguncha jahldan tushinglar. Iblisga fursat bermanglar. Oldin o‘g‘ri bo‘lgan endi o‘g‘rilik qilmasin, balki ishlasin, o‘z qo‘llari bilan mehnat qilsin–da, topganini muhtoj bo‘lganlar bilan baham ko‘rsin. Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin. Lekin tinglovchilarning ehtiyojiga ko‘ra kerakli gaplarni aytib, ularga dalda bering, shunda so‘zlaringiz ularga foyda keltiradi. Xudoning Muqaddas Ruhini xafa qilmanglar, chunki Muqaddas Ruh sizlarning Xudoga tegishli ekaningizning hamda bir kun kelib ozod bo‘lishingizning dalilidir. Har qanday gina–kudurat, qahru g‘azab, janjalkashlik, g‘iybatchilikni hamda boshqa har xil yomonliklarni o‘zingizdan soqit qilinglar. Bir–biringizga nisbatan ko‘ngilchan va mehr–shafqatli bo‘linglar. Xudo sizlarni Masih orqali kechirganiday, sizlar ham bir–biringizni kechiringlar. Xudoning sevikli farzandlari ekansiz, endi Xudodan o‘rnak olinglar. Masih bizni yaxshi ko‘rib, biz uchun O‘zini fido qildi va shu yo‘sin Xudoga ma’qul keladigan qurbonlik bo‘ldi. Sizlar ham Iso Masihga o‘xshab, xuddi shunday mehr–muhabbat bilan yashanglar. Sizlarning orangizda fahsh, zinokorlik, ifloslik yoki xasisligu ochko‘zlik hatto tilga ham olinmasin. Bular Xudoning azizlariga munosib emas. Shuningdek, orangizda beadablik, nojo‘ya so‘zlaru qo‘pol hazillar ham bo‘lmasin, chunki bunday qiliqlar sizlarga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi, Xudoga shukr aytinglar. Shuni bilib qo‘yinglarki, hech bir fahshboz, iflos yoki xasisu ochko‘z inson Masihning va Xudoning shohligidan bahramand bo‘lmaydi, chunki aytib o‘tilganlarning hammasi butparastlik bilan tengdir. Hech kim sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin, chunki o‘sha gunohlar tufayli Xudoning qahr–g‘azabi Unga itoatsiz bandalarning boshiga tushadi. Shuning uchun ularga sherik bo‘lmanglar. Bir vaqtlar sizlar zulmatga to‘la edingiz, endi esa Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganingiz uchun nurga to‘ldingiz. Shunday ekan, nurga to‘la insonlar kabi yashanglar. Axir, har qanday ezgulik, solihlik va haqiqat nurning samarasidir. Rabbimizga nima maqbul ekanligini bilishga tirishinglar. Zulmatning besamara ishlarida ishtirok etmanglar, aksincha, ularni fosh etinglar. Maxfiy ravishda qilinadigan o‘sha ishlar haqida gapirish ham uyatdir. Ammo nur porlaganda hamma narsa fosh bo‘lib, ochiq–oshkor ko‘rinadi. Axir nur hamma narsani ochiq–oydin qiladi–ku! Mana shu sababdan Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan: “Ey uxlayotgan, tur! O‘liklar ichidan tiril! Masih senga nur sochar.” Shunday qilib, qay tarzda yashayotganingizga diqqat qilinglar. Nodonlar kabi emas, balki donolarday hayot kechiringlar. Fursatni g‘animat bilinglar, chunki biz yashayotgan bu kunlar yomonlikka to‘la. Shuning uchun beaql bo‘lmanglar, balki Rabbimiz Isoning irodasi nima ekanligini anglashga harakat qilinglar. Sharob ichib mast bo‘lmanglar, chunki bu buzuqlikka olib boradi. Aksincha, Muqaddas Ruhga to‘lib–toshinglar. Birga yig‘ilganingizda sanolar, ruhiy madhiyalaru qo‘shiqlar kuylanglar. Musiqa asboblariyu xonishlaringiz bilan chin yurakdan Rabbimizga hamdlar ayting. Har doim, har bir narsa uchun Rabbimiz Iso Masih nomi bilan Otamiz Xudoga shukr qilinglar. Iso Masihni izzat–hurmat qilganingiz uchun bir–biringizga bo‘ysuninglar. Ey, xotinlar, siz Rabbimiz Isoga qanday bo‘ysunsangiz, erlaringizga ham shunday bo‘ysuninglar. Masih imonlilar jamoatining boshi bo‘lgani kabi, er ham xotinning boshidir. Masih O‘z tanasi bo‘lgan jamoatning Najotkoridir. Jamoat Masihga qanday tobe bo‘lsa, xotinlar ham har jihatdan o‘z erlariga shunday tobe bo‘lishlari kerak. Ey, erlar, Masih jamoatni yaxshi ko‘rib, O‘zini jamoat uchun fido qilganiday, sizlar ham xotinlaringizni shunday yaxshi ko‘ringlar. Masih jamoatni suv va Xudoning kalomi orqali poklab, muqaddas qilish niyatida O‘zini fido qildi. Jamoatni O‘z huzuriga keltirganda, jamoat har qanday g‘ubor, ajin va dog‘dan holi bo‘lib, ulug‘vor, muqaddas va benuqson bo‘lishi uchun Masih shunday qildi. Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan erkak o‘zini sevgan bo‘ladi. Hech kim hech qachon o‘z tanasini yomon ko‘rmaydi. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O‘z jamoatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi. Biz Masih tanasining a’zolarimiz. Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Shuning uchun erkak kishi ota –onasidan bo‘lak chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar.” Bu buyuk sirdir, endi Masih hamda jamoatga ham taalluqlidir. Xullasi kalom, har bir er o‘z xotinini o‘zini sevganday sevsin. Xotin ham erini hurmat qilsin. Ey farzandlar, Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganingiz uchun ota –onangizga itoat qilinglar, chunki shunday qilish to‘g‘ridir. [2-3] Axir, Xudo shunday amr qilgan: “Ota–onangizni hurmat qiling. O‘shanda yer yuzida umringiz uzoq bo‘lib, baxtiyor yashaysiz.” Birinchi marta va’da qo‘shib berilgan amr o‘sha amrdir. *** Ey otalar, farzandlaringizning g‘ashiga tegmang. Ularni Rabbimizning ta’lim–tarbiyasi bilan o‘stiringlar. Ey, qullar, Masihga chuqur izzat–ehtirom bilan, chin yurakdan itoat qilganingiz kabi xo‘jayinlaringizga ham shunday itoat qilinglar. Faqatgina insonlarni mamnun qilib, xo‘jako‘rsinga xizmat qiladigan odamlarga o‘xshamasdan, Masihning qullari kabi chin ko‘ngildan Xudoning irodasini bajaringlar. Insonlarga emas, balki Rabbimiz Isoga xizmat qilayotgandek, bajonu dil xizmat qilinglar. Esingizda tuting, xoh qul, xoh erkin bo‘lsin, har bir kishi qilgan yaxshiligiga yarasha mukofotni Rabbimizdan oladi. Ey xo‘jayinlar, sizlar ham qullaringizga yaxshi muomala qilinglar. Ularga do‘q–po‘pisa qilishni bas qilinglar, chunki bilasizlar–ku, ularning ham, sizlarning ham Xo‘jayiningiz samoda, U tarafkashlik qilmaydi. Va nihoyat, Rabbimiz Iso sizning qudrat manbaingiz bo‘lsin, Uning buyuk qudrati sizlarni baquvvat qilsin. Iblisning hiylalariga qarshi tura olishingiz uchun, Xudo bergan barcha qurol–aslahalar bilan qurollaning. Axir, bizning kurashimiz insonlarga qarshi emas, balki samoviy olamdagi yovuz ruhiy kuchlarga, ruhiy hokimiyat va hukmronlikka hamda bu qorong‘i dunyoni boshqarayotgan ruhiy hukmronlarga qarshidir. Shu sababdan Xudoning qurol–aslahalari bilan qurollaning, deb aytayapman. Shunda yovuzlikka to‘la kunlarda mahkam tura olasiz, qurollanib tayyor turgan bo‘lasiz. Jangga tayyorlaninglar. Belingizga haqiqat kamarini taqinglar, ko‘ksingizga solihlik sovutini kiyinglar, tinchlik Xushxabarini yoyish uchun oyog‘ingizga ildamlik poyabzalini kiyinglar. Bularga qo‘shib, imon qalqonini qo‘lga olinglar. Shu qalqon bilan yovuz shaytonning hamma alangali o‘qlarini kuchdan qoldirasizlar. Shuningdek, najot dubulg‘asini kiyinglar, Ruh beradigan, Xudoning kalomi bo‘lgan qilichni ko‘taringlar. Har qanday sharoitda Muqaddas Ruhga tayanib duo–ibodat qilinglar. Ibodatda hushyor va sabotli bo‘lib, Xudoning barcha azizlari uchun iltijo qilinglar. Men uchun ham ibodat qilinglar. Men og‘zimni ochganimda, zarur bo‘lgan so‘z menga berilsin, toki qo‘rqmasdan Xushxabar sirini bayon eta olayin. Shu Xushxabarning elchisi bo‘lganim uchun hibsdaman. Elchiga loyiq ravishda men Xushxabarni jasurlik bilan e’lon qilishim uchun ibodat qilinglar. Mening hol–ahvolim qanday ekanligini, nimalar qilayotganimni bilib olishingiz uchun, suyukli birodarimiz, Rabbimiz Isoning sodiq xizmatkori Tixik sizlarga ma’lumot beradi. Mana shu maqsadda, bizning ahvolimizni sizlarga bildirsin, sizlarga dalda bersin, deb uni sizlarning oldingizga yuboryapman. Birodarlarim, tinchlik sizlarga yor bo‘lsin. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga mehr–muhabbat bilan imon ato qilsin. Rabbimiz Iso Masihni yaxshi ko‘rganlarning hammasiga to abad Xudoning inoyati yor bo‘lsin. Iso Masihning qullari Pavlus va Timo‘tiydan Filippi shahridagi barcha Iso Masihning azizlariga hamda jamoat yetakchilari va xizmatchilariga salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin. Har safar sizlarni yodga olganimda Xudoyimga shukrona aytaman. Hammangiz uchun ibodat qilganimda, har doim shodlik bilan ibodat qilaman, chunki sizlar Xushxabarga ishonganingizdan boshlab to hozirga qadar o‘sha Xushxabarni yoyishda men bilan birga ishtirok etib kelmoqdasizlar. Xudo sizlarning hayotingizda boshlagan ezgu ishini Iso Masih keladigan kungacha bitirishiga aminman. Sizlarni yaxshi ko‘rganim uchun hammangiz haqingizda shunday fikr qilishim o‘rinlidir. Axir, qamoqdaligimda ham, Xushxabar haqiqat ekanligini himoya qilish va ta’kidlashimda ham Xudo bergan inoyatda sizlar menga sheriksizlar. Mana, Xudo shohid: men sizlarni rosa sog‘inganman, chunki sizlarni Iso Masihnikiday bo‘lgan mehr–muhabbat bilan yaxshi ko‘raman. Sizlarning muhabbatingiz yanada oshib, bilim va aql–idrok bilan boyisin, deb ibodat qilyapman, chunki men sizlarning a’lo narsalarni tanlaydigan bo‘lib, Masih keladigan kunda pok va aybsiz bo‘lishingizni istayman. Toki sizlarning hayotingiz Iso Masih kuchi orqali solihlik samarasiga to‘lib, Xudoga sharaf va maqtov keltirsin. Ey birodarlar, shuni bilishingizni istaymanki, boshimga tushganlarning hammasi Xushxabarning yanada ko‘proq yoyilishiga turtki bo‘ldi. Masih tufayli qamalganligim butun saroy qo‘riqchilariga va bu yerdagilarning hammasiga ma’lum bo‘ldi. Mening qamoqdagi vaziyatim ko‘p birodarlarning Rabbimiz Isoga bo‘lgan ishonchini oshirdi, shuning uchun ular qo‘rqmasdan, katta jasorat bilan Masih haqidagi xabarni targ‘ib qilmoqdalar. To‘g‘ri, Masih haqidagi Xushxabarni ba’zilar baxillik va xasadgo‘ylik bilan, ba’zilar esa yaxshi niyat bilan targ‘ib qilyaptilar. Yaxshi niyat bilan targ‘ib qilayotganlar meni yaxshi ko‘rganlari uchun va men Xushxabarni himoya qilishga tayinlanganimni bilib shunday qilyaptilar. Qolganlar esa Xushxabarni raqobat ruhi bilan targ‘ib qilyaptilar. Ular pok niyatda emas, balki mening qamoqda tortayotgan azoblarim ko‘paysin, deb shunday qilyaptilar. Ammo nima farqi bor? Yomon niyatdami, yaxshi niyatdami, muhimi, Masih haqidagi Xushxabar targ‘ib qilinmoqda. Mana shu meni xursand qiladi. Men xursand bo‘lishda davom etaveraman, chunki bilaman, sizlarning ibodatlaringiz orqali va Iso Masih Ruhining yordami bilan mana shularning hammasi mening ozod bo‘lishimga olib keladi. Ishonch bilan umid qilaman: isnodga qolmayman, aksincha, jasorat ko‘rsataman. Ha, umidim shuki, hozir ham oldingiday, o‘lsam ham, yashasam ham mening tanam orqali Masih ulug‘lanadi. Zotan, men uchun hayot Masihdir, o‘lim esa yutuqdir. Axir, tirik qoladigan bo‘lsam, samarali ishlar qilaveraman, shunday ekan, nimani tanlashni ham bilmayman. Ikki yo‘lning qay birini tanlashni bilmay, boshim qotib qoldi. Mening istagim bu dunyodan ketib, Masih bilan birga bo‘lishdir. Shunday bo‘lsa juda yaxshi bo‘lardi. Ammo tirik qolishim sizlar uchun zarurroqdir. Bunga ishonchim komil, shuning uchun tirik qolishimni bilaman. Sizlarning imoningiz mustahkamlanib, quvonchingiz oshib boraverishi uchun men sizlar bilan birga qolaman. Shunday qilib, men yana sizlarning oldingizga kelganimda, men tufayli Iso Masihdan yanada ko‘proq faxrlanasiz. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Masih Xushxabariga loyiq tarzda hayot kechirishingiz kerak. Shunday yashanglarki, men sizlarni ko‘rishga borganimda, Xushxabarning samarasi bo‘lgan imon uchun yakdillik bilan kurashib, bir ruhda mustahkam turganingizni ko‘ray! Ammo sizlarni ko‘rishga borolmasam, shunday xabar eshitay. Sizlarga qarshilik ko‘rsatayotganlardan hech hayiqmanglar. Sizlarning qat’iyatingiz ularning halok bo‘lishidan, sizlarning esa najot topishingizdan dalolat beradi. Bu Xudoning ishidir. Zotan Xudo sizlarga nafaqat Masihga ishonish, balki Uning uchun azob–uqubat tortish sharafini ato qilgan. Axir, sizlar azob–uqubatlarimni ko‘rdingiz, hozir ham aziyat chekayotganim haqida eshityapsiz. Endi mana shu kurashda sizlar mening sheriklarimsiz. Masihga tegishli bo‘lganingiz sizlarga dalda beryapti, Uning sevgisidan tasalli topyapsiz, Muqaddas Ruh bilan muloqotdasiz, yuraklaringiz mehr–shafqatga to‘la. Shunday ekan, mening shodligimga shodlik qo‘shib, bir xil fikr qiling, bir–biringizga mehr–muhabbat ko‘rsating, yakdillik bilan hamfikr bo‘ling. Hech bir ishni xudbin niyatda qilmang, shuhratparast bo‘lmang, aksincha kamtarlik bilan boshqalarni o‘zingizdan balandroq ko‘ring. Faqat o‘zingizning emas, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlang. Fikr–zikringiz Iso Masihnikiday bo‘lsin. Iso Masih Xudoning tabiatiga ega edi, shunda ham U Xudo bilan tengligini mahkam tutmadi. Aksincha, U bu ulug‘vorlikdan voz kechib, qul tabiatiga kirdi, inson bo‘lib tug‘ildi. U inson qiyofasida yashab, o‘zini past tutdi. Itoatkorlik bilan yashab, hatto o‘limga, xochdagi o‘limga ham rozi bo‘ldi. Shuning uchun Xudo Uni eng yuqoriga yuksaltirdi va Unga har qanday ismdan yuqori ismni ato etdi. Toki Isoning oldida yeru osmondagi va yer ostidagi borliq jon tiz cho‘ksin, har bir til Iso Masihni Rabbiy, deb tan olsin. Mana shu Otamiz Xudoga shuhrat keltiradi. Ey azizlarim, mana shularni yodda tutib, har doimgiday itoatkor bo‘lishda davom etaveringlar. Faqatgina sizlar bilan bo‘lganimda emas, hatto yoningizda bo‘lmasam ham, Xudoning oldida qo‘rquv va titroq bilan shunday yashanglarki, najot topganingiz yorqin ko‘rinib tursin. Zotan Xudo O‘zini xushnud qiladigan ishlarni qilishingiz uchun sizlarga kuch va xohish beradi. [14-16] Mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz uchun hamma narsani nolimay, bahslashmay qilinglar. Hayotbaxsh xabarni mahkam tutar ekansiz, o‘sha buzuq va egri nasl orasida samodagi yulduzlar kabi porlaysizlar. Shunda Masih kelgan kuni, mehnatim zoye bo‘lmaganidan, qilgan ishlarim behuda ketmaganligidan faxrlanaman. *** *** Siz imoningizga asoslanib, xizmat qilib kelyapsiz, shu sizning qurbonligingizdir. Agarda mening jonim fido bo‘lib, hayotim sizning qurbonligingiz ustiga to‘kiladigan sharob nazriday bo‘lib qolsa ham, xursand bo‘laman, hammangiz bilan birga shodlanaman. Xuddi shuningdek, sizlar ham xursand bo‘linglar va men bilan birga shodlaninglar. Rabbimiz Isoning irodasi bilan yaqinda Timo‘tiyni sizlarning oldingizga yuboraman, deb umid qilaman. Shunda ahvolingizdan xabardor bo‘lib, ko‘nglim taskin topadi. Timo‘tiyni yuborishimning sababi shuki, sizlar uchun xuddi menday chin ko‘ngildan jon kuydiradigan boshqa hech kim yo‘q. Qolganlar Iso Masihga xizmat qilishni emas, balki o‘z manfaatini ko‘zlaydi. O‘zlaringiz bilasizlar, biz Xushxabarni yoyishda Timo‘tiy bilan birga ota –o‘g‘ilday xizmat qildik. U o‘zining hurmatga loyiq ekanligini ko‘rsatdi. Shuning uchun taqdirim aniq bo‘lishi bilanoq Timo‘tiyni sizlarning oldingizga yuboraman, deb umid qilaman. O‘zim ham yaqinda oldingizga boraman. Bu haqda Rabbimizning O‘zi menda ishonch hosil qildi. Hozir esa Epafroditni yoningizga yuborishni lozim ko‘rdim. U sizlarning yuborgan elchingiz, muhtojligimda menga madad bergan birodarim, hamkorim va safdoshimdir. Epafrodit sizlarni juda sog‘ingan. Uning kasalligi haqida eshitganingizni ham bilib qattiq qayg‘uryapti. Haqiqatan ham u o‘lar holatda kasal edi, ammo Xudo unga rahm–shafqat ko‘rsatdi. Bu bilan Xudo faqat unga emas, balki g‘amimga g‘am qo‘shilmasin, deb menga ham shafqat qildi. Shunday qilib, yana Epafroditni ko‘rib, sevininglar, degan niyatda uni tez orada oldingizga yuboraman. Shunday qilsam, g‘amim ancha yengillashadi. Rabbimiz Isoga ishonganlar bir–birlarini qanday kutib olsalar, sizlar ham Epafroditni xuddi shunday qilib, katta quvonch bilan kutib olinglar. Bunday insonlarga munosib bo‘lgan izzat–hurmatni unga ko‘rsatinglar. Axir, u Masihga xizmat qilish yo‘lida bir o‘limdan qoldi. Sizlarning o‘rningizga ham menga xizmatni qilib, o‘z jonini ayamadi. Endi esa, ey birodarlarim, Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Sizlarga bir xil narsalarni yozaversam ham zerikmayman, yozganlarim sizlarni har xil balolardan asraydi. Itday bo‘lganlardan, yovuzlik qiladiganlardan, tanasini kesadiganlardan ehtiyot bo‘linglar! Chunki biz, Xudo Ruhining yordami bilan sajda qiluvchilar, haqiqiy sunnat qilinganmiz. Biz Iso Masih tufayli faxrlanamiz, insoniy xususiyatlarimizga ishonmaymiz. Vaholanki, men o‘z xususiyatlarimga ishonsam bo‘ladi. Axir, bunday qilishga menda hammanikidan ham ko‘ra ko‘proq sabab bor. Men sakkiz kunligimda sunnat qilinganman, Isroil avlodidan, Benyamin qabilasidanman. Men haqiqiy ibroniyman. Farziy bo‘lib, qonunlarga so‘zsiz rioya qilardim. Jon–jahdim bilan jamoatni quvg‘in qilardim. Qonunlarga rioya qilishga asoslangan solihlikka kelsak, aybsiz edim. Ammo men uchun foyda bo‘lgan bularning hammasini endi Masih tufayli zarar, deb hisoblayman. [8-9] Ha, hamma narsa qadrsizdir, chunki Rabbim Iso Masihni tanib–bilishdan afzalroq hech narsa yo‘q, deb hisoblayman. Uni deb, men hamma narsadan voz kechdim. Masihga sazovor bo‘lish, butunlay Unga tegishli bo‘lish uchun hamma narsani axlat, deb bildim. Endi qonunga rioya qilish orqali solihlikka erishishga umid qilmayman, aksincha Masihga bo‘lgan imonim bilan solihlikka erishishga intilaman. Ha, bu solihlikni Xudo imon tufayli beradi. *** Maqsadim shuki, Iso Masihni bilay, Uni tiriltirgan qudrat mening hayotimda ham o‘z kuchini ko‘rsatsin, Masihning azoblariga sherik bo‘lay. Uning o‘lim paytidagi fikr–zikri mening hayot tarzim namunasi bo‘lsin. Bir kun kelib, men o‘likdan tirilishga erishaman, deb umid qilaman. Men maqsadimga yetdim yoki kamolotga erishdim, deb aytolmayman. Ammo men unga yetishay, deb intilaman, chunki Iso Masih aynan shu maqsad uchun meni O‘ziniki qilib olgan. Birodarlar, men o‘zimni o‘sha maqsadga yetishganman, deb hisoblamayman. Ortda qolganlarni unutib, oldinga intilaman. Faqatgina o‘sha maqsadni ko‘zlab, Iso Masih orqali Xudo meni chaqirib, ato qiladigan samoviy yutuq tomon intilmoqdaman. Biz hammamiz, imon jihatidan yetuklikka erishganlar, shunday o‘ylashimiz kerak. Agar sizlar biror narsa haqida boshqacha fikrda bo‘lsangiz, Xudo sizlarga nohaq ekanligingizni ayon qiladi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, qay darajaga erishgan bo‘lsak, endi shu bo‘yicha yashashda davom etaveraylik. Birodarlarim, mendan o‘rnak olayotganlarga qo‘shilinglar. Bizning namunamiz bo‘yicha yashayotganlarga e’tibor berib, ulardan o‘rganinglar. Axir, men sizlarga oldin ko‘p marta aytganman, hozir ham ko‘zlarimga yosh to‘lib, qaytaryapman: Masih xochining dushmani bo‘lib yashayotganlar ko‘p. Ularning oxiri — halokat, ularning xudosi nafsdir. Uyatsiz qiliqlaridan faxrlanadilar. Ularning o‘y–xayollari foniy dunyodagi narsalarga berilgan. Bizning vatanimiz esa samodadir. Bizlar najotkorimiz bo‘lgan Rabbimiz Iso Masihning o‘sha yerdan kelishini intizorlik bilan kutyapmiz. Rabbimiz butun borliqni O‘ziga bo‘ysundirish kuchiga egadir. Mana shu kuch bilan U bizning ojiz, foniy tanamizni O‘zining ulug‘vor tanasiga o‘xshatib o‘zgartiradi. Shunday qilib, sevimli birodarlarim, sizlarga aytganlarim bo‘yicha, Rabbimiz Iso bilan bo‘lgan munosabatingizda mahkam turinglar. Azizlarim, men sizlarni juda sog‘indim. Sizlar mening quvonchimsiz, faxrimsiz! Evodiya va Sintixa, sizlardan iltimos qilaman, Rabbimiz haqi yakdil fikrda bo‘linglar. Ey vafodor hamkorim, sendan ham o‘tinaman, bu ayollarga yordam ber, chunki ular men bilan birga, Kliment hamda ismlari hayot kitobida yozilgan boshqa hamkorlarim qatori xushxabarni targ‘ib etishda ter to‘kdilar. Har doim Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Yana bir bor aytaman, shodlaning! Hammaga nisbatan muloyim bo‘ling. Rabbimiz yaqinda keladi. Hech narsadan tashvish qilmanglar. Aksincha, har qanday sharoitda ibodat va iltijoda bo‘lib, har bir muhtojligingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar. Shunda Xudo beradigan, inson xayoliga sig‘maydigan tinchlik Iso Masih orqali sizlarning yuraklaringizni va o‘y–xayollaringizni qo‘riqlaydi. Endi esa, ey birodarlarim, fikr–zikringiz haqiqiy, sharafli, to‘g‘ri, pok, yoqimli, tahsinga sazovor narsalarda bo‘lsin. Ha, olqishga loyiq, a’lo narsalar haqida fikr yuritinglar. Ta’limotimni qabul qildingiz. Endi mendan o‘rganganlaringizning, ko‘rgan–eshitganlaringizning hammasini bajaringlar. Shunda tinchlik beradigan Xudo sizlar bilan birga bo‘ladi. Sizlar men uchun yana g‘amxo‘rlik qilayotganingizdan juda xursand bo‘lib, Rabbimiz Isoga shukr qilyapman. Albatta, sizlar oldin ham men uchun g‘amxo‘rlik qilardingiz, lekin buni ko‘rsatishga imkoniyatingiz bo‘lmagan edi. Bularni muhtojlikdan aytayotganim yo‘q, chunki men har qanday sharoitda boriga qanoat qilishga o‘rganganman. Har qanday sharoitda va har yerda ham to‘q bo‘lish, ham och qolish, mo‘l–ko‘lchiligu muhtojlikda yashash sirlarini o‘rganganman. Men tanqislikda ham, mo‘l–ko‘lchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman. Menga kuch–quvvat beradigan Iso Masihning madadi bilan har narsani qila olaman. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, sizlar qiyinchiliklarimga sherik bo‘lib yaxshi qildingizlar. Axir, siz, Filippiliklar, o‘zlaringiz bilasizlar–ku, men sizlarga Xushxabarni aytgan paytimdan boshlab, Makedoniyadan ketganimdan keyin ham faqat sizlar menga moddiy jihatdan yordam berardingiz. Sizlardan boshqa hech bir jamoat bunday qilmadi. Hatto Salonikada bo‘lganimda ham sizlar bir–ikki marta menga yordam berib, ehtiyojimni qondirdingiz. Men sizlardan biror narsa undirib olish niyatida gapirayotganim yo‘q. Aksincha, sizlarning foydangiz ko‘payishini ko‘zlayapman. Hozir menda kerakli hamma narsa bor, hatto ortig‘i bilan bor. Yepafroditdan berib yuborgan hadyalaringizni oldim. Endi hech bir muhtojligim qolmadi. Bu hadyalaringiz xushbo‘y nazrday, Xudoga ma’qul bo‘ladigan yoqimli qurbonlik kabidir. Xudoyim O‘zining ajoyib boyligi bilan Iso Masih orqali sizlarning har bir ehtiyojingizni qondiradi. Otamiz Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Iso Masihga tegishli bo‘lganlarning hammasiga salom aytib qo‘ying. Yonimdagi birodarlar ham sizlarga salom aytyapti. Xudoning azizlari bo‘lganlarning hammasi, ayniqsa Qaysar xizmatida bo‘lganlar, sizlarga salom yo‘llayaptilar. Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin! Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlus hamda birodarim Timo‘tiydan Kolosa shahridagi Xudoning azizlari, Masihga tegishli bo‘lgan sodiq birodarlarimizga salom! Otamiz Xudo sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin! Sizlar uchun ibodat qilganimizda biz har doim Xudoga, Rabbimiz Iso Masihning Otasiga shukr aytamiz. Chunki Iso Masihga bo‘lgan imoningiz va Xudoning barcha azizlariga ko‘rsatayotgan sevgingiz haqida biz eshitdik. [5-6] Xudo sizlar uchun jannatda shodlik tayyorlab qo‘yganiga umid bog‘ladingiz. Imoningiz va sevgingiz mana shu umidingizga asoslangan. Xushxabar, ya’ni haqiqat so‘zi sizlarga yetib kelganda bu umid haqida eshitdingiz. Bu Xushxabar butun dunyo bo‘ylab samara keltirib, yoyilmoqda. Xushxabarni eshitib, Xudo inoyatining haqiqiy ma’nosini tushunib yetgan kuningizdan beri sizlarning orangizda ham Xushxabar samara bermoqda. *** Sizlar bu Xushxabarni bizning aziz hamkorimiz Epafrasdan eshitdingiz. U sizlar uchun sadoqat bilan Masihga xizmat qilyapti. Muqaddas Ruh sizlarga ato qilgan mehr–muhabbat haqida u bizga aytib berdi. Shu sababdan sizlar haqingizda eshitgan kunimizdan beri sizlar uchun ibodat qilishni kanda qilmayapmiz. Xudoning Ruhi beradigan donolik va aql–idrok orqali Uning irodasini to‘liq anglab yeting, deb ibodat qilyapmiz. Shunda sizlar Rabbimiz Isoga munosib hayot kechirib, har jihatdan Uni xursand qilasizlar. Qilgan har bir yaxshiligingiz samara keltiradi va sizlar Xudoni yanada chuqurroq tushunib bilasizlar. [11-12] Xudo O‘zining buyuk qudrati bilan sizlarni kuch–qudratga to‘ldirib, har qanday vaziyatda sizlarga sabr–toqat va bardosh bersin. Xudo O‘zining aziz xalqiga va’da qilgan nurdan bahramand bo‘lishni sizlarga loyiq ko‘rgani uchun quvonch bilan osmondagi Otamizga shukrona ayting. *** U bizni zulmat hukmronligidan qutqarib, sevikli O‘g‘lining Shohligiga qabul qildi. O‘z O‘g‘li orqali bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi. Ko‘rinmas Xudoning surati Masihdir, U butun borliqning to‘ng‘ichidir. Xudo butun borliqni Masih orqali yaratgan. Yeru ko‘kdagi bor mavjudot, Ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan har bir narsa, G‘ayritabiiy kuchlar, taxtu saltanatlar, Bularning hammasi Masih orqali, Uning O‘zi uchun yaratilgandir. Masih butun borliqdan oldin mavjud edi, Butun borliq U tufayli mustahkam turibdi. Masih jamoatning boshidir, Jamoat Masihning tanasidir. Hamma narsaning ibtidosi Masihdir, U hammadan ustun bo‘lishi uchun Birinchi bo‘lib o‘likdan tiriltirilgan. Butun komillikni Xudo Isoda jo qilishni ma’qul ko‘rdi. Yeru ko‘kdagi borliq mavjudotni Masih orqali Xudo O‘zi bilan yarashtirib, Masihning xochda to‘kilgan qoni orqali Ular bilan tinchlik o‘rnatdi. Sizlar ham bir vaqtlar Xudoga dushman edingizlar. Fikru zikringiz Xudodan uzoq bo‘lib, yomon ishlar qilardingizlar. Masihning jismoniy tanadagi o‘limi orqali Xudo sizlarni O‘zi bilan yarashtirdi. Endi sizlar Xudoning oldida muqaddas, benuqson va aybsiz turasizlar. Shunday ekan, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turishingiz kerak. Sizlar Xushxabarni eshitib, umidga ega bo‘ldingiz. O‘sha umidingizni yo‘qotmang. Bu Xushxabar yer yuzidagi butun jonzotga e’lon qilindi. Men — Pavlus o‘sha Xushxabarning xizmatchisiman. Men sizlar uchun azob chekayotganimdan xursandman. Chunki shu yo‘l bilan men ham Masihning O‘z tanasi, ya’ni jamoat uchun chekayotgan azoblarida qatnashyapman. Xudoning xabarini sizlarga to‘liq e’lon qilishim uchun U meni jamoatning xizmatchisi qilib tayinladi. Bu Xushxabar asrlaru nasllar davomida sir tutilgan edi, endi esa u Xudoning azizlariga oshkor qilindi. Masih orqali hamma xalqlar ham boy ulug‘vorlikka yetishishlarini barchamizga ko‘rsatishni istadi. Bu sirning mohiyati shudir: Masih, ya’ni ulug‘vorlikka yetishish umidi sizlarning orangizdadir. Har biringiz Masih tanasining yetuk a’zosi sifatida Xudoning oldida turishingiz uchun biz hammani ogohlantirib, donolik bilan ta’lim berib, Masih haqida o‘rgatyapmiz. Men ham ana shu maqsadda jon-jahdim bilan xizmat qilar ekanman, menga kuchli ta’sir qilayotgan Masihning qudratiga suyanaman. Men sizlar uchun, shuningdek, Laodikiya shahridagilar hamda shaxsan yuzimni ko‘rmagan imonlilarning hammasi uchun naqadar zo‘r g‘ayrat bilan mehnat qilayotganimni bilishingizni istayman. Maqsadim shuki, sizlar dadil bo‘ling, muhabbat ruhi sizlarni birlashtirsin, Otamiz Xudoning siri — Masih haqida chuqur va boy tushunchaga ega bo‘ling. Chunki donolik va ilmu ma’rifatning hamma xazinalari Masihda pinhondir. Hech kim sizlarni tilyog‘lamalik bilan yo‘ldan ozdirmasin, deb men sizlarga shularni aytyapman. Garchi men jisman sizlarning orangizda bo‘lmasam ham, fikru zikrim siz bilanman. Sizlarning tartib-intizomingiz va Masihga bo‘lgan sog‘lom imoningizni ko‘rib sevinyapman. Sizlar Iso Masihni Rabbimiz, deb qabul qilgan ekansizlar, doimo U ko‘rsatgan yo‘ldan yuravering. Olgan ta’limotingizga muvofiq, Masihda tomir yoyib, qaror toping. Imoningizda qattiq turing, Xudoga shukronalar tilingizdan tushmasin. Ehtiyot bo‘linglar, hech kim falsafa va quruq safsatalar bilan sizlarni avramasin. Bunday gaplar Masihga emas, balki insonlarning an’anasiga, dunyoning xurofiy kuchlariga asoslanadi. Xudo O‘zining butun borlig‘i bilan to‘la-to‘kis Masihning vujudida mavjuddir. Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun hayotingiz to‘la–to‘kis, chunki U har bir kuch va hokimiyatdan ustundir. Masih orqali sizlar sunnat qilindingiz, bu jismoniy sunnat emas, balki Masih orqali qilinadigan sunnat, ya’ni gunohkor tabiatning kesib tashlanishidir. Suvga cho‘mdirilish orqali Masih bilan birga ko‘mildingiz. Masihni o‘likdan tiriltirgan Xudoning qudratiga bo‘lgan imoningiz tufayli Masih bilan birga tirildingiz. Ilgari sizlar sunnatsiz, gunohga botgan bo‘lib, ruhan o‘lik edingizlar. Endi esa Xudo barcha gunohlaringizni kechirib, sizlarni Masih bilan birga tiriltirdi. Bizga qarshi yozilgan ayblov hukmini Xudo bekor qildi, ya’ni o‘sha hukmni xochga mixlab, kuchdan qoldirdi. O‘sha xoch orqali koinotdagi kuchlaru hukmronliklar ustidan g‘alaba qozonib, ularni qurolsizlantirdi. O‘zining g‘olibona yurishida ularning tutqun ekanligini namoyish etib, sharmanda qildi. Shuning uchun yegulik-ichgulik, diniy bayramlar, yangi oy shodiyonalari yoki Shabbat kuni xususida hech kim sizlarga qonun -qoida chiqarmasin. O‘sha urf–odatlar kelajakning sharpasigina xolos, ammo haqiqiy hayot Masihdadir. Shunday ekan, dindorlikka berilib, o‘zini mo‘minlikka soladiganlar, farishtalarga sig‘inadiganlar sizlarni kamsitsa, e’tibor bermanglar. Ular ko‘rgan vahiylari bilan maqtanadigan, aql–zakovati bilan mag‘rurlanadigan odamlardir. Bunday kishilar Masihdan ajralgan. Masih — O‘z tanasi, ya’ni jamoatning Boshidir. Mana shu Boshdan butun badan hayotbaxsh kuch olib, payu bo‘g‘inlar orqali o‘zaro ulanib, Xudoning xohishi bo‘yicha o‘sadi. Agar sizlar Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsangizlar, dunyoning xurofiy kuchlari uchun ham o‘lgan bo‘lasizlar. Unday bo‘lsa yana nimaga bu dunyoga qul bo‘lib, “tegma”, “yema”, “ushlama” degan qonun-qoidalarga bo‘ysunasizlar?! Bu insoniy ta’limotlar va qoidalar ishlatilgan sari yo‘q bo‘lib ketadigan narsalar haqida–ku! Garchi bu qoidalar keltirib chiqargan dindorlik, o‘zini mo‘minlikka solish, badanni qiynash odamlarga hikmatday tuyulsa–da, aslida ular shahvatu nafsga bo‘lgan ishtiyoqni ko‘paytiradi. Sizlar Masih bilan birga tirilgan ekansiz, Masih turgan joydagi, ya’ni samoviy narsalarning payida bo‘ling. U samoda Xudoning o‘ng tomonida o‘tiribdi. Fikringiz yer yuzidagi emas, samodagi narsalar bilan band bo‘lsin. Axir, sizlar o‘lgansizlar, asl hayotingiz esa Masih bilan Xudoning huzurida pinhondir. Bizning hayotimiz Iso Masihdir. Masih zohir bo‘lganda, sizlar ham U bilan birga ulug‘vorlikda zohir bo‘lasizlar. Shunday ekan, dunyoviy tabiatingizni, ya’ni fahsh–zino, nopoklik, shahvat, yovuz xohishlar va butparastlikka teng bo‘lgan ochko‘zlikni yo‘q qilinglar. Mana shular sababli Xudoning g‘azabi itoatsiz bandalarning boshiga tushadi! Sizlar ham bir vaqtlar shunday odamlarning yo‘lidan yurib, o‘zingizni o‘shalar kabi tutardingizlar. Endi esa jahl, g‘azab, yovuzliklarning hammasini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yinglar. Og‘zingizdan hech qanday jerkish yoki nojo‘ya so‘z chiqmasin. Bir-biringizga yolg‘on gapirmanglar. Chunki sizlar eski tabiatingizni yomon odatlari bilan birga o‘zingizdan soqit qildingizlar. Buning o‘rniga siz yangi tabiatga burkandingiz. Sizlar Xudoni yaqinroq bilib borarkansiz, sizning yangi tabiatingiz uni yaratgan Xudoning surati bo‘yicha o‘zgarib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan endi na yunon bor, na yahudiy, na sunnatli bor, na sunnatsiz, na johil bor, na madaniyatsiz, na qul bor, na ozod. Eng ahamiyatlisi Masihdir, U hamma bilandir, hamma narsa Uning qo‘li ostidadir. Sizlar Xudoning tanlangan, aziz va suyukli xalqisizlar. Shunga ko‘ra rahm-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqatni zeb-ziynat qilib taqib olinglar. Bir–biringizga nisbatan sabr–toqatli bo‘linglar. Orangizda xafagarchilik o‘tgan bo‘lsa, bir biringizni kechiringlar. Egamiz sizlarni kechirgani kabi, sizlar ham boshqalarni kechiringlar. Va nihoyat muhabbatga burkaninglar, chunki mehr–muhabbat mukammal ahillikka yetishtiradi. Masih ato qiladigan tinchlik yuraklaringizda hukmron bo‘lsin, axir sizlar bir tananing a’zosisizlar, tinchlikka da’vat qilingansizlar. Minnatdor bo‘linglar. Masihning kalomi sizda chuqur o‘rnashib, yashnayversin. Donolik bilan bir-biringizga ta’lim bering, nasihat qiling. Zaburlarni xonish qilib, madhiyalar va ruhiy qo‘shiqlar bilan, chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildirib, Xudoni tarannum etinglar. Nimaiki qilsangiz ham, gapirsangiz ham, hammasini Rabbimiz Iso nomidan qilib, U orqali Otamiz Xudoga shukrona aytinglar. Ey xotinlar, eringizga itoatli bo‘linglar. Shunday qilish Rabbimiz Isoning izdoshlariga munosibdir. Ey erlar, xotiningizni sevinglar, ularga qo‘pol muomalada bo‘lmanglar. Ey farzandlar, doim ota -onangizga quloq solinglar, chunki bu Rabbimizga ma’qul keladi. Ey otalar, farzandlaringizni ranjitavermanglar, bo‘lmasa ular tushkunlikka tushib qoladi. Ey qullar, bu dunyodagi xo‘jayinlaringizga har doim itoat qilinglar. Xushomadgo‘ylik bilan xo‘jako‘rsinga emas, balki Rabbimizdan qo‘rqib, chin ko‘ngildan itoat qilinglar. Har bir ishni insonlar uchun emas, Rabbimiz Iso Masih uchun qilayotganday chin qalbdan bajaringlar. Chunki sizlar haqiqiy Xo‘jayiningiz Masihga xizmat qilyapsizlar. U O‘z xalqiga atab qo‘ygan qut–barakani sizlarga mukofot qilib berishini yoddan chiqarmang. Kimki nohaqlik qilsa, qilmishiga yarasha jazo oladi. Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi. Ey xo‘jayinlar, sizning ham jannatda Xo‘jayiningiz borligini bilib, qullaringizga odil va to‘g‘ri muomala qiling. Doim ibodat qiling. Ibodatda hushyor bo‘lib, shukronalar keltiring. Shuningdek, bizlar uchun ham ibodat qilinglar: biz Xudoning kalomini e’lon qilishimiz va Masih sirini bayon etishimiz uchun Uning O‘zi bizga yo‘l ochib bersin. Men ana shu sir tufayli qamoqdaman. Bu sirni munosib ravishda izhor eta olishimni Xudodan so‘ranglar. Fursatni g‘animat bilib, imonlilar qatoriga qo‘shilmaganlarga nisbatan oqilona yo‘l tutinglar. Ular bilan qanday gaplashishni sizlarga o‘rgatay: ular bilan gaplashganingizda so‘zingiz hamisha yoqimli va mazmunli bo‘lsin. Men haqimdagi barcha yangiliklarni Rabbimiz Isoning sodiq xizmatkori, hamkorim va suyukli birodarim Tixik sizlarga aytib beradi. Sizlarga dalda berib, hol–ahvolimizni sizlarga bildirsin, deb men uni sizlarning oldingizga jo‘natyapman. Tixik bilan birga oldingizga sodiq va sevimli birodarimiz, hamshaharingiz O‘nisim ham boradi. Ular bu yerda bo‘lib o‘tgan hamma narsani sizlarga aytib berishadi. Men bilan birga qamalgan Aristarx va Barnaboning jiyani Mark ham sizlarga salom yo‘llayaptilar. Mark haqida buyruq olgansizlar: agar oldingizga borsa, uni yaxshi qabul qilinglar. Yustus laqabli Iso ham sizlarga salom yo‘llayapti. Xudoning Shohligi yo‘lida mehnat qilayotgan bulardan boshqa yahudiy hamkorlarim yo‘q. Ular menga tasalli bo‘lib kelmoqdalar. Iso Masihning quli, hamshaharingiz Epafras sizlarga salom yo‘llayapti. Xudoning irodasini to‘liq bajaradigan, imoni komil insonlar bo‘linglar, deb Epafras zo‘r g‘ayrat bilan, tinmay sizlar uchun ibodat qilmoqda. U sizlar uchun hamda Laodikiya va Iyerapol shaharlaridagi imonlilar uchun ne-ne zahmatlar chekkaniga o‘zim shohidman. Sevimli tabib Luqo va Dimas sizlarga salom yo‘llashyapti. Laodikiya shahridagi birodarlarga, ayniqsa Nimfaga va uning uyida yig‘iladigan jamoatga salom aytinglar. Bu maktubim orangizda o‘qib berilgandan keyin, Laodikiyadagi jamoatda ham o‘qittirilsin. Sizlar esa Laodikiyadan keladigan maktubni o‘qinglar. Arxippga: “Sen Rabbimiz Isoning yo‘lida bo‘yningga olgan xizmatni oxiriga yetkazgin”, — deb aytib qo‘yinglar. Men, Pavlus, o‘z qo‘lim bilan bu duoyi salomni yozyapman. Qamoqda ekanligimni esdan chiqarmanglar. Xudoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Sila va Timo‘tiydan salom! Xudoning inoyati va tinchligi sizlarga yor bo‘lsin. Biz doim sizlar uchun ibodat qilib, hammangiz uchun Xudoga shukrlar aytamiz. Imon va sevgi bilan qilgan ishlaringizni, Rabbimiz Iso Masihga bog‘lagan mustahkam umidingizni doimo Otamiz Xudo huzurida yodga olamiz. Ey Xudo sevgan birodarlarimiz, Xudo sizlarni tanlab olganini bilamiz. Axir, biz Xushxabarni sizlarga quruq so‘zlar bilan emas, balki Muqaddas Ruhning qudrati va to‘liq ishonch bilan keltirdik. Orangizda bo‘lganimizda, sizlarning manfaatingizni ko‘zlab, qanday yashaganimizni bilasiz. Sizlar bizdan va Rabbimiz Isodan o‘rnak oldingiz. Axir, ko‘p azob–uqubat chekkaningizga qaramay, Muqaddas Ruh beradigan quvonch bilan Xudoning so‘zini qabul qildingiz. Shunday qilib, Makedoniya va Axaya o‘lkalaridagi barcha imonlilarga o‘rnak bo‘ldingiz. Rabbimizning kalomi sizlardan faqatgina Makedoniya va Axayaga yoyilib qolmadi. Sizlarning Xudoga bo‘lgan imoningiz hamma joyda mashhur bo‘ldi. Shuning uchun endi bizning biror narsa gapirishimizga hojat qolmadi. Bizni yaxshi qabul qilganingiz haqida, barhayot va haqiqiy Xudoga xizmat qilaylik, deya butlardan yuz o‘girib, Xudoga yuz burganingiz haqida hamma gapiryapti. Xudoning O‘g‘li Isoning samodan tushishini kutayotganingiz haqida ham gapiryaptilar. Xudo O‘z O‘g‘li Isoni tiriltirgan, Iso bizni kelajak g‘azabdan qutqaradi. Birodarlar, o‘zlaringiz bilasiz, sizlarning oldingizga kelganimiz bekor ketmadi. Yana o‘zingizga ma’lumki, biz Filippi shahrida ko‘p azob chekkandik, haqoratlarga uchragandik. Ammo ko‘p qarshiliklarga qaramay, Xudoning Xushxabarini sizga aytishimiz uchun Uning O‘zi bizga jasorat berdi. Axir, biz sizlarga ta’lim berganimizda, bizda na xatolik, na nopok niyat, na biron hiyla bo‘lgan. Xushxabarni ishonib topshirishga Xudo bizni loyiq topdi. Shunday ekan, biz insonlarni mamnun qilaylik deb emas, balki yuraklarimizni tekshiradigan Xudoni mamnun qilaylik, deya ta’lim beramiz. O‘zlaringiz bilasiz, biz hech qachon tilyog‘lamalik qilmadik, tamagirlik niyatida gapirmadik. Xudoning O‘zi bunga shohid. Biz hech kimning, na sizlarning, na boshqalarning, maqtoviga sazovor bo‘laylik, deb ish qilmadik. Masihning havoriylari sifatida biz sizlarning oldingizga talablar qo‘yishimiz mumkin edi. Ammo biz, bolalarini ardoqlagan emizikli onaday, sizlarga mehribon bo‘ldik. Sizlarga juda qattiq ko‘ngil bog‘lagan edik. Shuning uchun sizlarga Xudoning Xushxabarini aytibgina qolmadik, balki yuragimizdan ham joy berdik. Chunki sizlar bizga juda aziz bo‘lib qolgandingiz. Ey birodarlar, mashaqqat bilan mehnat qilganimiz yodingizda bo‘lsa kerak. Sizlarga Xudoning Xushxabarini aytayotganimizda hech biringizga yuk bo‘lmaylik, deya kechayu kunduz ishladik. Siz, imonlilar bilan bo‘lgan munosabatimizda qanday pokdil, solih va benuqson bo‘lganimizga o‘zingiz ham, Xudo ham guvoh. Yana o‘zingiz bilasizki, ota farzandiga qanday muomala qilsa, biz ham har biringizga shunday muomalada bo‘ldik. Sizlarga dalda berdik, yupatdik. Xudoni mamnun qiladigan hayot kechiring, deb sizlarga yolvordik. Axir, U sizlarni O‘z Shohligiga va ulug‘vorligiga chorlayapti. Bizning tinmay Xudoga shukr qilishimizning sababi ham shudir. Bizdan Xudoning kalomini eshitganingizda, buni inson so‘zi sifatida emas, balki Xudoning kalomi sifatida qabul qildingiz. Bu kalom haqiqatan Xudoning kalomidir. Siz, imonlilarda bu kalom o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Ey birodarlar, sizlar Xudoning Iso Masihga tegishli bo‘lgan, Yahudiya o‘lkasidagi jamoatlarday bo‘ldingiz. Ular Yahudiylardan qanday azob chekkan bo‘lsa, sizlar ham o‘z yurtdoshlaringiz tomonidan shunday azoblarga yo‘liqdingiz. [15-16] Yahudiylar Rabbimiz Isoni va payg‘ambarlarni o‘ldirishgan. Bizni ham quvg‘in qilishdi. Boshqa xalqlar najot topsin, deb gapirishimizga ham to‘sqinlik qilyaptilar. Shu sababdan ular Xudoni mamnun qilmaydi va barcha insonlarga qarshi chiqadi. Mana shu ishlari orqali Yahudiylarning gunohlari avjiga chiqmoqda. Va nihoyat, Xudoning g‘azabi ularning boshiga tushdi. *** Ey, birodarlar, endi biz dilimiz bilan bo‘lmasa–da, vujudimiz bilan qisqa bir muddatga sizlardan judo bo‘ldik. Ammo sizlarni juda sog‘inib, diydoringizni ko‘rishga jon-jahdimiz bilan harakat qildik. Ha, biz qayta–qayta sizning oldingizga bormoqchi bo‘ldik. Ayniqsa men, Pavlus, borishni juda xohlagandim, lekin shayton bunga yo‘l qo‘ymadi. Axir, bizning umidimiz va quvonchimiz kim?! Rabbimiz Iso kelganda, Uning oldida faxr tojimiz siz emasmi?! Ha, sizlar bizning sharafimiz va quvonchimizsiz! [1-3] Oxiri chiday olmadik. Ukamiz Timo‘tiyni oldingizga yuborishga qaror qildik. Biz Afina shahrida yolg‘iz qoldik. Masih haqidagi Xushxabarni targ‘ib etishdagi Xudoning xizmatida Timo‘tiy bizning hamkorimizdir. Azob–uqubatlar tufayli yo‘ldan toymasligingiz uchun Timo‘tiy sizlarni imonda mustahkamlab, dalda bersin, dedik. Qiyinchiliklarga uchrashimiz peshonamizga yozilganini o‘zingiz bilasiz–ku! *** *** Axir, azob–uqubatlarga uchraymiz, deb oldingizda bo‘lganimizda sizlarni ogohlantirgandik. Mana, biz aytganimizdek bo‘ldi. Shuning uchun ortiqcha chiday olmay, imoningiz haqida bilib kelsin, deb Timo‘tiyni yubordim. Shayton sizlarni vasvasaga solib, ishimizni bekor qilmagandir, deb umid qilgan edim. Mana, Timo‘tiy sizlarning oldingizdan qaytib keldi. Bizga sizlarning imoningiz va sevgingiz haqida yaxshi xabar olib keldi. Biz sizlarni sog‘inganimizdek, sizlar ham bizni sog‘inib qolibsiz. Bizni yaxshi so‘zlar bilan eslar ekansiz. Timo‘tiy bularni bizga aytib berdi. Shunday qilib, birodarlar, qiyinchiliklar va azob–uqubatlarda bo‘lsak ham, sizlarning imoningiz haqida eshitib, ancha tasalli topdik. Rabbimiz Isoga bo‘lgan imoningiz qat’iy ekan, endi biz yengil nafas olib yashaymiz. Sizlar tufayli biz Xudo oldida quvonchga to‘lib yuribmiz. Shunday ekan, qanday qilib Xudoga o‘z minnatdorchiligimizni bildirmay tura olamiz?! Sizlar bilan yana diydor ko‘rishaylik, imoningizga imon qo‘shaylik, deb kechayu kunduz jon–jahdimiz bilan ibodat qilyapmiz. Otamiz Xudoning O‘zi va Rabbimiz Iso Masih sizlarning oldingizga borishimiz uchun yo‘l ochsin. Sizga bo‘lgan mehrimiz to‘lib–toshgani kabi, Rabbimiz sizlarning ham bir–biringizga va boshqa hammaga bo‘lgan mehr–muhabbatingizni to‘ldirib–toshirsin. Shunda qalblaringiz sobit bo‘ladi, Rabbimiz Iso O‘z farishtalari bilan kelganda, sizlar Otamiz Xudo oldida aybsiz va pok tura olasizlar. Xullas, ey birodarlar, Xudoni mamnun qilib yashashni bizdan o‘rgandingiz. Ha, mana shu tarzda yashayapsiz. Endi Rabbimiz Iso nomidan sizlarga yolvoramiz, shu tarzda yashashga astoydil harakat qilavering. Rabbimiz Iso bizga bergan vakolat bilan sizlarga qanday yo‘l–yo‘riq ko‘rsatganimizni bilasiz. Sizlarning muqaddas bo‘lishingiz Xudoning irodasidir. Shuning uchun jinsiy axloqsizlik qilmang. Har biringiz muqaddaslik va izzat–hurmatga loyiq holda o‘zingizni tuta bilishingiz kerak. Xudoni bilmagan butparastlarday bo‘lib, shahvoniy hislaringizga qul bo‘lmang. Jinsiy hayot tarziga kelganda, o‘z birodarlaringizning ishonchini suiiste’mol qilmang, ularga xiyonat qilmang. Mana shunday hamma gunohlar uchun Egamiz jazolaydi. Biz sizlarga bu haqda oldindan aytib, qattiq ogohlantirganmiz. Xudo bizni harom yo‘ldan yurishga emas, balki muqaddas bo‘lib yashashga chaqirdi. Shunday ekan, kim mana shu ta’limni rad qilsa, insonlarni emas, sizlarga O‘z muqaddas Ruhini beradigan Xudoni rad qilgan bo‘ladi. Birodarlik muhabbati haqida esa sizlarga yozishning hojati yo‘q, chunki bir-biringizni yaxshi ko‘rishni Xudodan o‘rgangansiz. Zotan, sizlar Makedoniya o‘lkasi bo‘ylab yashovchi barcha birodarlaringizga ham shunday munosabatda bo‘lyapsizlar. Shunga qaramay, ularni yanada ko‘proq yaxshi ko‘ring, deb undaymiz. Sizlarga aytganimizday, osoyishta hayot kechirishni, o‘z ishingiz bilan mashg‘ul bo‘lishni, qo‘llaringiz mehnati bilan tirikchilik qilishni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ying. Shunda Rabbimiz Isoga ishonmaydiganlarning izzat–hurmatini qozonasiz va boshqalarning qo‘liga qarab qolmaysiz. Birodarlar, umidsiz yashayotgan boshqa odamlar kabi qayg‘uga to‘lmang, deb bu olamdan o‘tganlar haqidagi haqiqatni sizlarga bildirishni xohlaymiz. Biz Isoning o‘lib, tirilganiga ishonamiz. Shunday ekan, Isoga ishongan holda hayotdan ko‘z yumgan imonlilarni ham Xudo tiriltirib, O‘z oldiga olib ketishiga aminmiz. Bu voqea Iso kelganda yuz beradi. Rabbimiz Isoning ta’limoti bo‘yicha sizlarga aytamizki, o‘sha paytda biz, hali tirik bo‘lganlar, o‘lgan birodarlarimizdan oldin emas, ular bilan birga Isoni qarshilab olamiz. Zotan, Rabbimiz Iso Masih buyuk bir sado, bosh farishtaning ovozi va Xudoning karnayi sadosi ostida kelganda, birinchi bo‘lib Unga ishongan holda o‘lganlar tiriladi. So‘ng biz, hali tirik bo‘lganlar, havoda Rabbimizni qarshilab olish uchun ular bilan birga bulutlarda ko‘tarilamiz. Shunday qilib, hammamiz Rabbimiz bilan abadiy birga bo‘lamiz. Shuning uchun mana shu so‘zlar bilan bir–biringizga dalda bering. Birodarlar, bular qachon, qaysi payt sodir bo‘lishi haqida sizlarga yozishimizning hojati yo‘q. Axir, Rabbimiz Iso, kechasi o‘g‘ri tushganday, nogahon kelishini o‘zingiz bilasiz–ku! Homilador ayolning to‘lg‘oq og‘riqlari kutilmaganda kelganiday, odamlar: “Hammasi tinch, osoyishta”, deb yurganlarida, birdaniga boshlariga halokat tushadi. Ular qochib qutula olmaydilar. Biroq, birodarlar, sizlar zulmatda yurmaysizlarki, bu kun o‘g‘riday, kutilmaganda kelib, sizlarni hayratda qoldirsa! Sizlarning hammangiz yorug‘likda yashaysiz, kunduz kunga tegishlisiz. Biz zulmatga, tunga tegishli emasmiz. Shuning uchun boshqalarga o‘xshab uxlab qolmaylik. Biz uyg‘oq, hushyor bo‘lishimiz kerak. Chunki uxlaydiganlar kechasi uxlaydi, ichkilikka berilganlar ham kechasi ichadi. Biz esa kunduz kunga tegishli ekanmiz, kelinglar, imon va sevgini sovut qilib, boshimizga esa najot umidini dubulg‘a qilib kiyib, hushyor bo‘laylik. Chunki Xudo bizni g‘azabga uchrasin, deb emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot topishimiz uchun tayinladi. Biz tirik bo‘lsak ham, hayotdan ko‘z yumsak ham, U bilan birga yashashimiz uchun Rabbimiz Iso biz uchun o‘ldi. Shuning uchun ham hozir qilayotganingizdek, bundan keyin ham bir-biringizga dalda berib, kuch va g‘ayrat bag‘ishlang. Birodarlar, sizlarga iltijo qilamiz. Orangizda ishlab, Rabbimiz Isoning yo‘lida sizlarga yetakchilik qilayotgan, yo‘l–yo‘riq ko‘rsatayotganlarni hurmat qiling. Qilayotgan ishlari uchun muhabbat bilan ularni e’zozlang. Bir–biringiz bilan tinch–totuv yashang. Ey birodarlar, sizlardan o‘tinib so‘raymiz: beboshlarni ogohlantiring, jur’atsizlarga dalda bering, zaiflarga yordam ko‘rsating, hammaga sabr–toqatli bo‘ling. Hech biringiz yomonlikka yomonlik qaytarmang, balki har doim bir–biringizga va hammaga yaxshilik qilishga intiling. Hamisha xursand bo‘lib yuringlar. Tinmay ibodat qilinglar. Har qanday sharoitda ham Xudoga shukr qilinglar, chunki sizlar, ya’ni Iso Masihga imon keltirganlar uchun Xudoning irodasi shudir. Muqaddas Ruhning o‘tini so‘ndirmang. Bashoratlarni kamsitmanglar. Hammasini tekshirib ko‘ringlar. Yaxshilikni mahkam tutib, har qanday yomonlikdan qochinglar. Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi sizlarni butunlay poklasin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va taningiz aybsiz saqlansin. Sizlarni chaqirgan Xudo sadoqatlidir, U har doim O‘z aytganini bajaradi. Birodarlar, biz uchun ibodat qiling. Hamma birodarlar bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Rabbimiz nomi bilan sizlarga buyuraman, mana shu xatni barcha birodarlarga o‘qib beringlar. Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Sila va Timo‘tiydan salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin. Birodarlar, biz doim sizlar uchun Xudoga shukr qilishimiz kerak. Shunday qilishimiz juda o‘rinli, chunki sizlarning imoningiz kundan kunga o‘sib boryapti, bir–biringizga va boshqa hammaga mehr–muhabbatingiz oshyapti. Shuning uchun biz Xudoning jamoatlari oldida sizlar bilan faxrlanamiz. Axir, sizlar quvg‘inlaru azob–uqubatlarga sabr–toqat va imon bilan bardosh beryapsiz. Mana shularning hammasi Xudoning hukmi odil ekanligidan dalolatdir. Chunki sizlar Xudoning Shohligiga loyiq, deb topilasiz. Hozir mana shu Shohlik uchun azob chekyapsiz. Xudo odildir, sizlarni azoblaganlarga U azob beradi. [7-8] Azob chekayotgan sizlarga esa biz bilan birga tinchligini ato qiladi. Bularning hammasi Rabbimiz Iso O‘zining qudratli farishtalari bilan, lovullab turgan alanga ichida, ko‘kdan zohir bo‘lganda ro‘y beradi. Xudoni rad etganlarni va O‘zining Xushxabarga quloq solmaganlarni Iso Masih jazolaydi. *** O‘sha odamlar Rabbimiz Isoning huzuri va qudratli ulug‘vorligidan ayrilib, abadiy halokat jazosini oladilar. O‘sha kuni Rabbimizni Uning muqaddas xalqi ulug‘laydi. Unga ishongan hamma odamlar Uni madh qiladi. Sizlar ham o‘sha insonlarning qatoriga kirasiz, chunki biz aytgan xabarga sizlar ishondingiz. Shuning uchun, Xudoyimiz sizni O‘z chaqirig‘iga loyiq deb topsin, O‘z qudrati bilan sizlarning barcha yaxshi niyatlaringizni ro‘yobga chiqarsin, imon bilan qilgan ishlaringizni amalga oshirsin, deb biz doim sizlar uchun ibodat qilamiz. Rabbimiz Isoning nomi orangizda ulug‘lansin, sizlar esa Xudoyimiz va Rabbimiz Iso Masih inoyati bilan U orqali ulug‘laninglar, deya ibodat qilamiz. Rabbimiz Iso Masihning kelishi va bizning U bilan birga bo‘ladigan kunimiz haqida quyidagilarni aytsak. Birodarlar, sizlardan o‘tinib so‘raymiz, Rabbimiz kelibdi, degan gaplar boshingizni aylantirmasin, sizlarni xavotirga solmasin. Bunday gaplar bashorat orqali, biror xabar yoki xuddi biz yozgan xatga o‘xshash bir xat orqali kelib chiqqandir. Hech kim sizlarni hech qanday usul bilan aldamasin. Ko‘pchilik Xudoga qarshi bosh ko‘tarmaguncha va qabih odam kelmaguncha o‘sha kun kelmaydi. O‘sha odam halokatga mahkum qilingan. U har qanday “xudo” deb atalgan va sajda qilingan narsaga qarshi chiqib, o‘zini ulardan ustun qo‘yadi. Hattoki, Xudoning Ma’badida o‘tirib olib, o‘zini xudo, deb ataydi. Sizlar bilan bo‘lganimda shularni aytganim esingizda yo‘qmi? O‘sha qabih odamni hozir nima tutib turganini o‘zingiz bilasiz. Bu odam belgilangan o‘z vaqtida zohir bo‘ladi. Ha, qabihlikning yashirin kuchi allaqachon ishga tushgan. Biroq bir zot bu kuchni tiyib turibdi. O‘sha zot olib tashlangandan keyin qabih odam oshkor qilinadi. Uni Rabbimiz Iso bir nafas bilan halok qiladi. Rabbimiz kelganda, O‘z ulug‘vorligining yorqinligi bilanoq uni yo‘q qilib tashlaydi. O‘sha qabih odam shaytonning kuchi bilan keladi. Qudratini ko‘rsatib, har xil mo‘jizayu ajoyibotlar qiladi. Halok bo‘layotganlarni har xil hiyla–makrlar bilan aldaydi. Ular najot beradigan haqiqatni yaxshi ko‘rishni rad qilganlari uchun halok bo‘lyaptilar. Mana shuning uchun Xudo ularni adashtiradigan bir kuchga topshirib qo‘yadi. Shunda ular yolg‘onlarga ishonib yuraveradilar. Natijada, haqiqatga ishonmay, yovuzlikdan zavq topganlarning hammasi hukm qilinadi. Ey Egamiz sevgan birodarlar! Sizlar uchun har doim shukr qilishimiz kerak. Axir, Muqaddas Ruh kuchi bilan poklansin va haqiqatga ishonsin, deb Xudo sizlarni boshidanoq najot uchun tanlagan edi. Rabbimiz Iso Masihning ulug‘vorligidan bahramand bo‘lishingiz uchun biz aytgan Xushxabar orqali Xudo sizlarni chaqirdi. Shuning uchun, ey birodarlar, imoningiz qat’iy bo‘lsin. Biz gaplarimiz va xatlarimiz orqali sizlarga o‘rgatgan haqiqatlarni mahkam tutinglar. Bizni sevadigan, O‘z inoyati bilan bizga tengsiz jasorat va barqaror umid bergan Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning O‘zi sizlarga dalda bersin, har bir qilgan yaxshi ishingiz va so‘zingizda sizlarga kuch ato qilsin. Ey birodarlar, xatimiz ham nihoyasiga yetib qoldi. Biz uchun ibodat qilinglar, xuddi sizlarning orangizda bo‘lgani kabi Rabbimiz Iso haqidagi Xushxabar tarqalaversin va izzat–hurmat bilan qabul qilinsin. Xudo bizni yovuz va yomon odamlardan qutqarishi uchun ham ibodat qilinglar, chunki hamma ham imonli emas. Ammo Rabbimiz Iso sadoqatlidir. U sizlarni kuchga to‘ldirib, yovuz shaytondan himoya qiladi. Siz haqingizda Rabbimiz bizda ishonch hosil qildi. Biz aminmizki, buyurganlarimizni bajaryapsizlar va bajarishda davom etasizlar. Rabbimiz Iso Masih yuraklaringizni Unga sodiq bo‘lishga va Xudoni sevishga yo‘naltirsin. Birodarlar, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga buyuramiz: dangasalik qilayotgan, biz bergan ta’limotlarga ko‘ra yashamayotgan birodarlardan uzoqroq yuring. Bizdan qanday o‘rnak olishingiz kerakligini o‘zingiz bilasiz. Sizlarning orangizda bo‘lganimizda dangasalik qilmadik. Birovning nonini bekorga yemadik. Aksincha boshqalarga og‘irligimiz tushmasin deb, kechayu kunduz ishladik. Mashaqqat bilan mehnat qildik. Albatta, sizlardan biror narsa talab qilishga haqimiz yo‘qligi uchun emas, balki sizlarga namuna bo‘lish uchun shunday qildik. Axir, sizlar bilan bo‘lganimizda: “Ishlamagan tishlamaydi!” deb aytgandik–ku! Eshitishimizcha, ba’zi birlaringiz yalqovlik qilayotgan ekansiz. Boshqalarning ishlariga aralashishdan boshqa narsani bilmas emishsiz. Mana shunday odamlarga Iso Masih nomi bilan buyurib aytamizki, tinchgina o‘z ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘ling, nonni peshana teringiz bilan topib yeng. Sizlar esa, birodarlar, hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar. Ushbu xatimizdagi yo‘l–yo‘riqlarga quloq solmaganlarni ko‘z ostingizga oling. Bunday odamni uyaltirish uchun u bilan aloqada bo‘lmang. Uni dushman hisoblamang, balki birodar sifatida ogohlantiring. Tinchlik manbayi bo‘lgan Rabbimiz Isoning O‘zi sizlarga har doim va har yo‘sinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor bo‘lsin. Men, Pavlus mana shu salomni o‘z qo‘lim bilan yozyapman. Har bir yozgan maktubimning o‘ziga xos belgisi shudir. Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo‘lsin! Najotkorimiz Xudoning va biz umid bog‘lagan Iso Masihning amriga ko‘ra, Masihning havoriysi etib tayinlangan men — Pavlusdan imondagi sodiq o‘g‘lim Timo‘tiyga salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih senga inoyat, marhamat va tinchlik ato qilsin. Men Makedoniyaga ketayotganimda, senga tayinlaganimday, Efes shahrida qol. U yerdagi ba’zi kishilar soxta ta’limotni o‘rgatayotgan ekanlar. Ularning bu qilmishlariga barham ber. Ularga, afsonalar va shajaralar xususidagi bema’ni bahslar bilan band bo‘lmanglar, deb buyur. Axir, bunday bahslar faqat janjallarga sabab bo‘ladi. Odamlar Xudoning najot rejasini anglashlariga bular yordam bermaydi. Zero, inson Xudoning najotini imon orqaligina anglab oladi. Men bu nasihatim bilan sizlarda mehr–muhabbat uyg‘otmoqchiman. Mehr–muhabbat sof yurakdan, toza vijdondan, xolis imondan hosil bo‘ladi. Orangizdagi ba’zi odamlar esa bulardan yuz o‘girib, ahmoqona bahslarga berilib ketganlar. Ular odamlarga Xudoning qonunini o‘rgatishni orzu qiladilar, qonunga tishi o‘tmasa–da, u haqda so‘zlab, ishonch bilan gapiradilar. Biz bilamizki, Xudoning qonuni yaxshi, agar undan Xudo ko‘zlaganday foydalanilsa! Qonun solihlar uchun emas, balki qonunsizu itoatsizlar uchun berilgani hammamizga ma’lum. Darhaqiqat, qonun betavfiqu gunohkorlar, diyonatsizu xudobezorilar, ota yoki onasini o‘ldirganlar, qotillar, fahshbozlar, bachchabozlar, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, yolg‘onchilaru soxta guvohlik beruvchilar, xullas, sog‘lom ta’limotga zid ish qilayotganlarning hammasi uchun berilgan. Xudo menga ishonib topshirgan bu haqiqat Xushxabarda bayon qilingan. Muborak Xudoning ulug‘vorligi Xushxabarda ayon etilgan. Ishimni bajarishda menga kuch–quvvat bergan Rabbimiz Iso Masihga shukrlar aytaman. U meni ishonchli deb bilib, O‘z xizmatiga olgani uchun g‘oyatda minnatdorman. Men ilgarilari Masihga qarshi chiqar edim, Uning izdoshlarini ta’qib etib, ularga jabr–zulm qilardim. Biroq, shularga qaramay, Xudo menga rahm qildi, axir, men Masihga ishonmaganim uchun nima qilayotganimni o‘zim ham bilmasdim. Rabbimiz Iso Masih menga cheksiz inoyat ko‘rsatdi. Uning O‘zi menga imon ato qilib, mehru oqibatni o‘rgatdi. “Iso Masih gunohkorlarni qutqarish uchun dunyoga keldi”, degan gap to‘g‘ri va asoslidir, har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Men o‘zim o‘sha gunohkorlarning eng ashaddiysi edim! Ammo Iso Masih menga rahm qildi. Men kabi o‘taketgan gunohkorlarga nisbatan U nihoyatda sabrli ekanini ko‘rsatdi, toki boshqalar ham mendan ibrat olib, Unga ishonsinlar, abadiy hayotga ega bo‘lsinlar. Mangu Shohga hamdu sanolar bo‘lsin! O‘lmas, ko‘rinmas, yagona Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Ey o‘g‘lim Timo‘tiy, sen haqingda ilgari aytilgan bashoratlarga binoan senga buyuraman: o‘sha bashoratlarga tayanib, ulug‘ kurashda jang qilgin. Imoningni mahkam tut, vijdonli bo‘l. Ba’zi odamlar vijdonini sotdilar, ularning imoni halokatga uchragan kemaday barbod bo‘ldi. Imeney va Iskandar shular jumlasidandir. Men ularni shaytonga topshirdim. Bu ularga saboq bo‘lib, ular Xudoga va Uning azizlariga qarshi chiqishni bas qiladilar. Avvalambor, nasihatim shuki, butun insoniyat uchun iltijo qilinglar, toat–ibodatda bo‘lib, duolar o‘qinglar, shukronalar aytinglar. Taqvodor, obro‘–e’tiborli, osoyishta, sokin hayot kechirishimiz uchun, hukmdorlaru boshliqlar uchun ibodat qilinglar. Bu xayrli ish bo‘lib, Najotkorimiz Xudoga maqbuldir. U hamma insonlarning najot topishlarini va haqiqatni bilib olishlarini istaydi. Zero, hammamizga ma’lumki: Xudo yagonadir, Xudo bilan insonlar orasidagi Vositachi ham yagonadir. Bu Vositachi Iso Masihdir. U O‘zi inson edi Va butun insoniyatni qutqarish uchun O‘z jonini fido qildi. Shu orqali Xudo O‘zi belgilagan paytda najot rejasini ayon etdi. Men najot haqidagi bu xabarni e’lon qiluvchi havoriy etib tayinlandim. To‘g‘risini aytyapman, yolg‘on gapirayotganim yo‘q! Haqiqatdan ham, men turli xalqlarga imon va haqiqatni o‘rgatish uchun yuborilganman. Sizlar yig‘ilganingizda, orangizdagi erkaklar qo‘llarini duoga ochib, chin qalbdan ibodat qilsinlar. Hech kimdan g‘azablanmasinlar, talashib–tortishmasinlar. Xotinlar soddagina, did bilan kiyinsinlar. Ular sochiga ortiqcha oro bermay, oltin va marvarid taqinchoqlar yoki qimmatbaho kiyimlar bilan emas, balki or–nomus bilan bezansinlar. Xudojo‘y xotinlarga munosib xayrli ishlar bilan o‘zlariga zeb bersinlar. Ta’lim berilayotganda xotinlar sukut saqlasin, muallimning gapini ikki qilmasin. Xotin erkakka ta’lim berishiga va uning ustidan hukmronlik qilishiga ruxsat bermayman. Xotin sukut saqlasin. Axir, oldin Momo Havo emas, balki Odam Ato yaratilgan–ku. Odam Ato emas, xotin shaytonga aldanib, gunoh qildi. O‘shandan buyon, xotinlar tuqqanda la’nat tufayli dardu azob chekadigan bo‘ldilar. Biroq shunga qaramay, agar ular kamtaru bama’ni bo‘lishsa, Masihga bo‘lgan imonda sobit qolib, mehr–oqibatli bo‘lib, taqvodor hayot kechirishsa, najot topadilar. “ Imonlilar jamoatining yetakchisi bo‘lishga intilgan inson olijanob ishni orzu qilgan bo‘ladi”, degan gap to‘g‘ri va asoslidir. Darhaqiqat, bunday olijanob vazifaga tayinlanadigan inson yaxshi nom chiqargan bo‘lishi shart. U o‘z xotiniga vafodor, mulohazali, vazmin, odobli, mehmondo‘st, ta’lim berishga qobiliyatli bo‘lsin. U mayxo‘r, jahldor, janjalkash emas, balki muloyim, pulparastlikdan yiroq, xonadonini yaxshi boshqaradigan, farzandlari unga bo‘ysunib hurmat qiladigan bo‘lsin. Agar yetakchi o‘z xonadonini boshqara olmasa, Xudoning jamoatiga qanday g‘amxo‘rlik qila oladi?! Endigina imonga kirgan odam yetakchi bo‘lmasin, tag‘in kerilib, iblisning halokatli changaliga tushib qolmasin. U jamoatga qarashli bo‘lmagan odamlar orasida ham hurmat–e’tiborga ega bo‘lsin. Shunda u malomatga qolmaydi, shaytonning tuzog‘iga tushmaydi. Imonlilar jamoatining xizmatchilari ham hurmatga sazovor, samimiy insonlar bo‘lishlari lozim. Ular mayxo‘r yoki molparast bo‘lmasinlar. Xudo bizga ayon etgan haqiqat bo‘yicha yashab, barcha ishni vijdonan bajarsinlar. Ularni avval sinovdan o‘tkazish kerak. Agar kamchiliksiz bo‘lsalar, xizmatga tayinlansinlar. [11-12] Ular xotinlariga vafodor, farzandlarini va xonadonini yaxshi boshqaradigan odamlar bo‘lishlari shart. Xizmatchi ayollar ham hurmatga sazovor bo‘lishlari lozim. Ular g‘iybat qilmaydigan, mayxo‘rlikka berilmaydigan, har narsada ishonchli bo‘lsinlar. *** Jamoatdagi o‘z xizmatini yaxshi bajarganlar el orasida taniladilar. Ular Iso Masihga bo‘lgan imonda yuksak jasoratga ega bo‘ladilar. [14-15] Men yaqin orada oldingga boraman, degan umiddaman. Bordi–yu, kechiksam, Xudoning xonadonida odamlar o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini bilishing uchun bularni senga yozdim. Zero, jamoat barhayot Xudoga tegishlidir, jamoat haqiqatning poydevori va ustunidir. *** Darhaqiqat, Xudo bizga ayon etgan haqiqat buyukdir. Asl xudojo‘ylikning manbayi bo‘lmish bu haqiqat quyidagichadir: Masih yer yuziga Inson bo‘lib keldi. Yangi, ulug‘vor hayot uchun o‘likdan tirilib, Xudoning O‘g‘li deb tasdiqlandi. U zohir bo‘ldi farishtalarga. U haqdagi Xushxabar e’lon etildi xalqlarga, Dunyo bo‘ylab odamlar Unga imon keltirdi. Ulug‘vorlikka burkanib U samoga yuksaldi. Xudoning Ruhi yaqqol aytyaptiki, oxirgi zamonlarda ba’zi odamlar imondan qaytadilar. Ular yolg‘onchi ruhlarga va jinlar ta’limotiga quloq soladilar. Bunday ta’limotni tarqatgan odamlar riyokor va yolg‘onchidirlar. Ularning vijdoni o‘lgan, go‘yo qizdirilgan temir bilan kuydirilib yo‘q qilingan. Ular uylanishni va erga tegishni man etadilar, ma’lum ovqatlarni taqiqlaydilar. Holbuki, bu ovqatlarni Xudo bergan. Haqiqatni bilib olgan imonlilar Unga shukrona aytib, yeyishlari uchun yaratgan. Chunki Xudo yaratgan har bir narsa yaxshidir. Biz hech bir taomni taqiqlamay, shukrona aytib, hammasini yeyishimiz lozim. Biz ovqatimiz uchun Xudoga shukrlar aytganimizda, Xudo barcha ozuqani halol deb e’lon qilganini e’tirof etgan bo‘lamiz. Sen bu nasihatlarimni birodarlaringga o‘rgatsang, Iso Masihning layoqatli xizmatkori bo‘lasan. O‘zing rioya qilayotgan sog‘lom ta’limotni va imonimizning aqidalarini o‘zlashtirib, ruhan oziqlanib borasan. Safsataboz kampirlarga xos bema’ni afsonalardan yuz o‘gir. Xudojo‘y bo‘lishga astoydil harakat qil. Axir, shunday bir maqol bor–ku: “Jismoniy mashq tana uchun foyda berar, xudojo‘ylik esa har tomonlama foyda keltirar, u dunyoyu bu dunyoda hayot baxsh etar.” Bu gap to‘g‘ri va asoslidir, u har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Odamlar abadiy hayotga ega bo‘lishlari uchun biz jon–jahdimiz bilan xizmat qilyapmiz. Barhayot Xudoga umid bog‘laganmiz. U barcha insonlarning, ayniqsa imonlilarning Qutqaruvchisidir. Sen birodarlarga ta’lim bergin, bu o‘gitlarga rioya qilishlarini ularga o‘rgatgin. Yoshsan deb, hech kim seni kamsitmasin. Aksincha, hammaning hurmatini qozonish uchun, sen so‘zda, yurish–turishda, mehr–oqibatda, imonda va axloqda imonlilarga o‘rnak bo‘lgin. Men oldingga borgunimcha jamoatda Muqaddas Bitiklarni ovoz chiqarib o‘qishga, nasihat va ta’lim berishga vaqtingni bag‘ishla. O‘zingga berilgan in’omga e’tiborli bo‘l, uni ishga sol. Axir, sen bu in’omingni aytilgan bashoratlar va oqsoqollar boshingga qo‘l qo‘yib qilgan duolari natijasida olgansan. Aytganlarimning hammasini amalda qo‘lla. O‘zingni bu vazifaga sidqidildan bag‘ishla, shunda sen Xudoning yo‘lida shaxdam qadam bilan, ildamlab borayotganingni hamma ko‘radi. Hayot tarzingga, nimalar o‘rgatayotganingga e’tibor qil. Bu faoliyatingni astoydil davom ettir, shunday qilsang, o‘zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan. Yoshi katta odamga qattiq gapirma, uni otang o‘rnida ko‘rib, hurmat bilan nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek, kampirlarga onalaringdek munosabatda bo‘l. Yosh ayollarni singillaring o‘rnida ko‘rib, ularga pokdillik bilan nasihat qil. Suyanchig‘i yo‘q beva xotinlarga g‘amxo‘rlik qil. Agar bevaning bolalari yoki nabiralari bor bo‘lsa, ular eng avvalo o‘z oilasi oldidagi, Xudo buyurgan farzni ado etib, farzandlik burchini bajarsinlar, chunki bu Xudoga maqbuldir. Yolg‘iz qolgan, suyanchig‘i yo‘q beva xotin butun umidini Xudoga bog‘lab, kechayu kunduz toat–ibodat qiladi. Ammo kayf–safoga berilib ketgan beva xotin ruhan o‘likdir. Bevalarga va ularning oila a’zolariga bularni o‘rgat, toki ular malomatga qolmasinlar. Zero, o‘z qarindoshlariga, xususan oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilmagan kishi imonni inkor etgan bo‘ladi. U imonsizdan ham battardir. Tullar ro‘yxatiga faqatgina oltmish yoshdan oshgan, marhum eriga vafodor bo‘lgan beva ayollarni kirit. Bu ayollar qilgan ezgu ishlari bilan tanilgan, ya’ni bolalariga yaxshi tarbiya bergan, musofirlarga mehmondo‘st bo‘lgan, Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan, qiynalganlarga yordam bergan, o‘zlarini turli xil xayrli ishlarga bag‘ishlagan bo‘lishlari lozim. [11-12] Beva qolgan yoshroq xotinlarni ro‘yxatga kiritma. Chunki ularning ehtirosi junbishga kelganda, erga tegishni istab qoladilar. Shunda ular erga tegmaslik haqidagi Masihga bergan va’dasini buzib, odamlar orasida yomon otli bo‘lib qoladilar. *** Bundan tashqari, ular boshqa bir xatarga yo‘liqadilar: yalqovlikka berilib, uyma–uy yurishga o‘rganib qoladilar. Shunisi yetmaganday, g‘iybat qilishga, boshqalarning ishiga burun suqib, lozim bo‘lmagan narsalarni gapirishga odatlanadilar. Shu sabablarga ko‘ra men yosh bevalarning erga tegishini istardim. Ular bola tug‘ib, ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsinlar, g‘animlarimizning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasinlar. Chunki shundoq ham ba’zi bevalarimiz to‘g‘ri yo‘ldan ozib, shayton yo‘liga kirib ketdilar. Agar birorta imonli ayolning beva qolgan qarindoshlari bo‘lsa, ularga o‘zi yordam bersin, bu vazifani imonlilar jamoatiga yuklamasin. Shunda suyanchig‘i yo‘q beva xotinlarga jamoat yaxshiroq yordam bera oladi. Imonlilar jamoatini yaxshi boshqarayotgan, xususan astoydil va’z aytib, ta’lim berayotgan oqsoqollar hurmatga sazovordirlar, ular qilgan mehnatlariga yarasha taqdirlansinlar. Zero, Muqaddas Bitiklarda: “G‘alla yanchayotgan ho‘kizning og‘zini to‘smang” va “Mehnatkash ish haqini olishga munosibdir”, — deyilgan. Ikki yoki uch guvoh bo‘lmasa, hech bir oqsoqolga qo‘yilgan aybni qabul qilma. Gunoh qilib yurgan oqsoqollarni esa hammaning oldida fosh qilib, tavbaga chaqir, toki boshqalarning ham diliga qo‘rquv kirsin. Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar huzurida senga qat’iy buyuraman: hech bir ishda yuz–xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu ko‘rsatmalarimga rioya qil. Biror odamni jamoat oqsoqoli vazifasiga tayinlashga shoshilma, tag‘in birovning gunohlariga sherik bo‘lib qolma. O‘zingni pok saqla. (Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur. Bu oshqozoningga yaxshi ta’sir qilib, tez–tez yuz berayotgan kasalliklaringning oldini oladi.) Ba’zi odamlarning gunohlari hozirdan ochiq–oshkor bo‘lib, hatto qiyomat kunidan oldin fosh bo‘lmoqda. Boshqalarning gunohlari esa oxiratda ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, qilingan xayrli ishlar ham oshkordir. Ba’zilari oshkor bo‘lmasa–da, baribir pinhon qolmaydi. Qullik bo‘yinturug‘i ostida bo‘lganlar o‘z xo‘jayinlarini kamoli ehtiromga loyiq hisoblasinlar. Toki, hech kim Xudoning nomini va ta’limotini haqoratlamasin. Xo‘jayinlari imonli bo‘lgan qullar, “bir–birimizga birodarmiz”, deb xo‘jayinlariga hurmatsizlik qilmasinlar. Aksincha, yanada ko‘proq tirishib, ularga xizmat etsinlar. Chunki aziz birodarlari bo‘lmish xo‘jayinlari o‘z qullarining farovonligini ko‘zlab, nonini but qilyaptilar. Ana shu barcha ko‘rsatmalarim haqida ta’lim berib, nasihat qil. Agar kim begona ta’limotni yoysa va Rabbimiz Iso Masihning haqiqiy kalomiga qarshi chiqib, xudojo‘ylikka chorlovchi ta’limotimizni rad etsa, u bosar–tusarini bilmay qolgan nodondir. Bunday odam biror masala borasida talashish va ikir–chikir gaplar haqida bahslashish kasaliga yo‘liqqan, uning g‘alamisona gaplari hasad, janjal, tuhmat, tuban gumonlar va to‘polonlarga sabab bo‘ladi. Fikri buzuq bunday odamlar haqiqatdan mahrumdirlar. Ular soxta xudojo‘yligini foyda manbayi, deb biladilar. To‘g‘ri, xudojo‘ylikdan foyda katta, qachonki biz bori bilan qanoatlansak. Axir, biz bu dunyoga hech narsa olib kelmadik va undan hech narsa olib keta olmaymiz. Qornimiz to‘q, ustimiz but bo‘lsa, shular bilan qanoat qilaylik. Boylikka o‘ch bo‘lganlar esa vasvasa tuzog‘iga tushadilar, ular ko‘p bema’ni va zararli havaslarga berilib, halokat girdobiga g‘arq bo‘ladilar. Pulparastlik har qanday yomonlikning negizidir. Mana, ba’zilar boylik ketidan quvib, imondan qaytib ketdilar va o‘zlarini ko‘pgina azoblarga duchor qildilar. Ey Xudoning quli Timo‘tiy, sen esa o‘zingni bu illatlardan olib qoch. Solihlik, xudojo‘ylik, imon, sevgi, sabr–toqat va muloyimlikning payida bo‘l. Abadiy hayotga erishish maqsadida, imon uchun bo‘ladigan ulug‘ kurashda jang qil. Axir, Xudo seni abadiy hayotga da’vat etgan. Sen bu hayotga ega bo‘lish uchun ko‘p guvohlar oldida Iso Masihga bo‘lgan imoningni mardlarcha tan olgansan. Po‘ntiy Pilat qoshida haqiqatni mardlarcha tan olgan Iso Masih huzurida va butun borliqqa hayot bag‘ishlagan Xudo huzurida senga buyuraman: zimmangdagi xizmatingni halollik bilan bajar. Rabbimiz Iso Masih keladigan kungacha o‘zingni gap tegmaydigan qilib tut. Yagona muborak Hokim bo‘lgan Xudo O‘zi belgilagan paytda Iso Masihni yuboradi. Xudo shohlarning Shohi, hukmdorlarning Hukmdoridir. U yagona mangu Xudodir. U yaqinlashib bo‘lmaydigan nurda yashaydi, Uni hech bir inson ko‘rmagan hamda ko‘rishi mumkin emas. Abadiy saltanat Sohibi bo‘lgan Xudoga shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Bu dunyoda boylik topgan birodarlarga ayt, mag‘rurlanmasinlar, bevafo boylikka umid qilmasinlar. Aksincha, umidini Xudoga bog‘lasinlar. Xudo bizga hamma narsani xursand bo‘lishimiz uchun saxovat bilan beradi. Ularga buyur, yaxshilik qilsinlar, xayrli ishlarga boy, saxiy, ochiq qo‘l bo‘lsinlar. Shunda ular asl xazina to‘plab, kelgusi dunyo uchun o‘zlariga mustahkam zamin yaratgan bo‘ladilar, haqiqiy hayotga erishadilar. Ey Timo‘tiy, senga ishonib topshirilgan Xushxabarni asragin. Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplaru haqiqatga zid bo‘lgan ta’limotlardan qochgin. Ba’zi odamlar adashib, bularni “bilim”, deb ataydilar. Bunday “bilimga” tayangan ba’zilar haq yo‘ldan ozdilar. Xudoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. [1-2] Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan sevimli o‘g‘lim Timo‘tiyga salom! Xudo abadiy hayotni e’lon qilishim uchun meni yubordi. U va’da qilgan bu hayotga Iso Masihga bo‘lgan imon orqali erishiladi. O‘g‘lim Timo‘tiy, senga Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih inoyat, marhamat va tinchlik ato qilsin. *** Timo‘tiy, boringga shukr! Men ota –bobolarim kabi, Xudoga vijdonan xizmat qilib, kechayu kunduz sen uchun ibodat qilaman. Seni juda sog‘inganman, ko‘z yosh to‘kkanlaring hamon yodimda. Qaniydi, diydoringni ko‘rsamu qalbim quvonchga to‘lsa, deyman. Sening samimiy imoningni doim eslayman. Avvaldan buving Loida hamda onang Evnika o‘z qalblariga jo etgan o‘sha imon endi senda ham ravnaq topayotganiga aminman. Shu sababdan, yodingda bo‘lsin: men ustingga qo‘llarimni qo‘yib duo qilganimda, sen Xudodan Muqaddas Ruhni in’om qilib olgansan. Ichingdagi o‘sha Muqaddas Ruh in’omini alangalatib tur. Zero, Xudo bergan Ruh qalbimizga qo‘rquv solmaydi, aksincha, bizga kuch, muhabbat va aqli rasolikni ato qiladi. Shunday ekan, Rabbimiz Iso haqida shohidlik berishdan or qilma, men Rabbimiz tufayli zanjirband bo‘lganimdan ham uyalma. Mendan ibrat olib, Xushxabar tufayli azob chekishga tayyor turgin, buning uchun Xudoning bergan kuchiga tayangin. Axir, Xudo bizga najot berdi, Xushxabar aytish kabi muqaddas xizmatga bizni da’vat etdi. Bunga bizning savob ishlarimiz emas, aksincha, Xudoning murod–maqsadiyu inoyati sabab bo‘ldi. Xudo azaldanoq Iso Masih orqali bizga inoyat ko‘rsatishga qaror qilgan edi. Mana endi, bu inoyat Xaloskorimiz Iso Masihning olamga kelishi bilan yaqqol namoyon bo‘ldi. Masih o‘lim kuchini yo‘q qildi. U mangu hayotga eltuvchi yo‘lni bizga Xushxabar orqali yoritib berdi. Xudo meni bu Xushxabarni turli xalqlarga yetkazuvchi voiz, havoriy va muallim qilib tayinladi. Shu sababdan ham bu azoblarni tortyapman. Biroq men bundan or qilmayman, chunki Kimga e’tiqod qilganimni yaxshi bilaman. Ishonchim komilki, Xudo menga topshirgan Xushxabarni qiyomat kunigacha Uning O‘zi to‘lig‘icha saqlashga qodir. Sen mendan eshitgan bu sog‘lom ta’limotdan namuna olgin, uni asragin. Iso Masihga tegishli bo‘lgan inson sifatida imon va muhabbatga to‘la hayot kechirgin. Senga ishonib topshirilgan bu ezgu ta’limotni ichimizda yashayotgan Muqaddas Ruh yordamida avaylab–asragin. Asiya viloyatidagi barcha birodarlar, shu jumladan, Figel bilan Hermogen mendan yuz o‘girganlarini bilasan. Onisifor baraka topsin, Rabbimiz Iso uning xonadoniga marhamat qilsin. Onisifor bir necha marta kelib, mening ko‘nglimni ko‘tardi. Zanjirbandligimdan or qilmay, Rimga kelishi bilanoq, meni astoydil qidirib, oxiri topdi. U menga Efes shahrida ham qanchalar xizmat qilganini o‘zing yaxshi bilasan. Yo Rabbim Iso, qiyomat kunida O‘z marhamatingni Onisifordan darig‘ tutmagin! Timo‘tiy o‘g‘lim, bardam bo‘l. Buning uchun Iso Masih orqali ko‘rsatilgan Xudoning inoyatiga tayangin. Sen ko‘p shohidlar huzurida Xushxabar haqida ta’lim berganimni eshitgansan. Endi bu ta’limotni boshqalarga ham o‘rgatishga qobiliyati bor, ishonchli odamlarga topshirgin. Iso Masihning yaxshi bir askari kabi men bilan birga azob chekishga tayyor turgin. Harbiy xizmatdagi askar tirikchilik ishlari bilan band bo‘lmaydi, chunki qo‘mondonini mamnun qilishni istaydi. Shuningdek, musobaqada qatnashgan kishi qoidaga rioya qilmasa, g‘alaba tojini kiymaydi. Mehnat qilgan dehqon olgan hosilidan birinchi bo‘lib bahramand bo‘lishi lozim. Aytganlarim haqida mulohaza qil, bularni tushunib olishingga Rabbimiz Iso senga yordam beradi. Dovud naslidan bo‘lgan Iso Masih o‘likdan tirilganini doim yodingda tut! Men targ‘ib qilayotgan Xushxabar shudir! Ana shu Xushxabar uchun men azoblarga duchor bo‘lyapman, hatto jinoyatchiday zanjirband qilindim. Ammo Xudoning kalomini zanjirlab bo‘lmaydi! Shunday ekan, Xudoning tanlagan odamlari Iso Masih bergan najotdan bahramand bo‘lsinlar, abadiy ulug‘vorlikka erishsinlar, deb men hamma narsaga chidab kelyapman. Quyidagi gap to‘g‘ri va asoslidir: “Agar biz Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsak, U bilan birga ham yashaymiz. Agar qiyinchiliklarga chidasak, U bilan birga hukmronlik qilamiz. Bordi–yu, Uni rad etsak, U ham bizni rad etadi. Sodiq bo‘lmasak ham, Masih sodiq bo‘lib qolaveradi, Axir, U O‘z tabiatiga qarshi chiqa olmaydi.” Bu gaplarni imonlilarga eslatib tur, ularga Xudoning nomidan qat’iy buyur: mayda–chuyda gaplar yuzasidan bahslashmasinlar. Bunday bahslar befoyda, tinglovchilarga faqat zarar yetkazadi, xolos. Xudoning oldida yorug‘ yuz bilan tura olishing uchun astoydil mehnat qil. O‘z ishidan uyalmaydigan, haqiqat kalomini to‘g‘ri o‘rgatadigan xizmatchi bo‘lgin. Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplardan qoch. Bunday gaplarga berilgan odamlar tobora betavfiq bo‘lib boradi. Ularning bu ta’limoti o‘lat kabi yoyiladi. Mana, Imeney bilan Filit ham shunday odamlar jumlasidan. Ular to‘g‘ri yo‘ldan ozganlar. Biz allaqachon o‘likdan tirildik, deb ba’zilarni imonidan qaytaryaptilar. Ammo, Xudo asos solgan poydevor mustahkam turibdi. Bu poydevor ustiga shunday so‘zlar bitilgan: “Egamiz O‘zinikilarni biladi” va “Egamizning nomini tilga olgan har bir odam yomonlikdan uzoqlashsin”. Katta bir uyda nafaqat oltin va kumush idishlar, balki yog‘och va sopol idishlar ham bor. Oltin va kumush idishlar xo‘jayinga sharaf keltiradi, qadrsiz idishlar esa uning obro‘yini to‘kadi. Kim o‘zini men aytgan yomonliklardan poklasa, Egasi uchun sharaf keltiradigan idishday bo‘ladi. Bunday odam Egasiga xizmat qilishga bag‘ishlangan, har bir yaxshi ish qilishga tayyor bo‘ladi. O‘g‘lim, yoshlik ehtiroslaridan qoch. Chin yurakdan Rabbimiz Isoga iltijo qilgan odamlar bilan birga solihlik, imon, mehr–muhabbat va tinchlik payida bo‘lgin. Ahmoqona, bema’ni bahslardan uzoqlash. O‘zing bilasan–ku, bular faqat janjal keltirib chiqaradi. Rabbimiz Isoning quli esa janjalkash bo‘lmasligi kerak. Aksincha, u hammaga mehribon, ta’lim berishga qobiliyatli, sabr–toqatli bo‘lishi lozim. U o‘z raqiblarini muloyimlik bilan yo‘lga solsin. Kim bilsin, balki Xudo ularni tavbaga olib kelar?! Shunda ular haqiqatni bilib, o‘zlariga kelarlar, iblisning tuzog‘idan qutulib qolarlar. Axir, iblis ularni asir qilib, o‘ziga tobe qilib olgan. Shuni bilginki, oxirgi kunlarda og‘ir vaqtlar keladi. O‘sha paytda odamlar faqat o‘zini o‘ylaydigan, pulparast, maqtanchoq, takabbur, so‘kinadigan, ota –onaga itoat qilmaydigan, nonko‘r, diyonatsiz, tosh yurak, ginachi, tuhmatchi, nafsini tiya olmaydigan, vahshiy, yaxshilikdan hazar qiladigan, xoin, bebosh, bosar–tusarini bilmaydigan bo‘ladilar. Ular Xudoni emas, aysh–ishratni yaxshi ko‘radilar. O‘zlarini xudojo‘y qilib ko‘rsatadilar–u, ammo haqiqiy imondan yuz o‘giradilar. Sen bunday odamlardan uzoqlash. Ular atrofdagilarning ishonchini suiiste’mol qilib, uylariga kirib oladilar. Turli hirsu havaslarga berilgan, gunohlaridan vijdoni qiynalib yurgan nodon ayollarning dilini ovlaydilar. Qachon qarama, bunday ayollar yangi ta’limotlar payida bo‘ladilar, haqiqatni esa tan olmaydilar. Yanniy va Yambriy Muso payg‘ambarga qanday qarshi turgan bo‘lsalar, bu odamlar ham haqiqatga xuddi shunday qarshi turadilar. Ammo fikri buzuq, imoni soxta bu odamlar uzoqqa bormaydilar. Ular Yanniy bilan Yambriyning holiga tushadilar, ularning aqlsizligi hammaga ma’lum bo‘ladi. Sen esa, Timo‘tiy, ta’limotimga rioya qilding, turmush tarzim, murod–maqsadim, imonim, sabr–toqatim, mehr–muhabbatim va sabotimdan namuna olding. Xushxabar tufayli chekkan azob–uqubatlarimni o‘zing bilasan. Antioxiya, Ikoniya va Listra shaharlarida quvg‘in bo‘lganim haqida eshitgansan. Ha, men qattiq quvg‘inlarni boshdan kechirdim! Ammo Rabbim Iso bularning hammasiga qaramay, jonimni omon saqladi. Darhaqiqat, Iso Masih yo‘lida taqvodor hayot kechirgan har bir odam quvg‘inga uchraydi. Ammo fosiq va makkor odamlar tobora razillashib boraveradi. Ular boshqalarni aldaydilar, o‘zlari ham aldanadilar. Sen esa, o‘zing olgan va qattiq ishongan ta’limotingga sodiq qol. Chunki bu ta’limotni senga o‘rgatgan ustozlarning ibratomuz hayotini o‘zing ko‘rgansan. Bolaligingdanoq Muqaddas Bitiklarni o‘rgangansan. Bu Bitiklar insonga donolik ato qiladi, Iso Masihga bo‘lgan ishonch orqali uni najotga erishtiradi. Muqaddas Bitiklarning hammasi ilohiy ilhom bilan yozilgan bo‘lib, ta’lim va tanbeh berish, xatolarni tuzatish va solihlik yo‘lida tarbiya berish uchun foydalidir. Bitiklardagi o‘gitlar bo‘yicha yashagan Xudoning quli har qanday yaxshi ish qilishga qobil bo‘lib, tayyor turadi. Xudo huzurida hamda tirigu o‘liklarni hukm qiladigan Iso Masih huzurida, Uning kelishi va hukmronligi haqi, senga qat’iy buyuraman: Xudoning kalomini targ‘ib qil. “Hozir buning vaqtimi, vaqti emasmi?” demay, uni astoydil e’lon qil. Odamlarga ta’lim berib, ularni to‘g‘ri yo‘lga sol, tanbeh ber, nasihat qil. Hammasini sabr–toqat bilan bajar. Chunki shunday vaqt keladiki, odamlar sog‘lom ta’limotga toqat qilmaydigan bo‘ladilar, ular atrofiga o‘zlariga mos, quloqlariga yoqimli so‘zlar aytadigan muallimlar to‘playdilar. Ular haqiqatdan yuz o‘girib, afsonalarga berilib ketadilar. Ammo sen har qanday sharoitda aql bilan ish tut, azoblarga chida, Xushxabarni targ‘ib qil, o‘z xizmatingni to‘liq bajargin. Men hademay bu dunyodan o‘tib ketaman, jonim Xudoga qurbon. Men ulug‘ kurashda jang qildim, zimmamdagi vazifani oxiriga yetkazdim, Xushxabarga sodiq qoldim. Meni solihlik toji kutmoqda. Odil hakam — Rabbimiz Iso kelgan kunida o‘sha tojni menga O‘zi beradi. Bunday toj faqat menga emas, balki Uning kelishini intizorlik bilan kutayotganlarning hammasiga nasib bo‘ladi. Mening oldimga tezroq kelishga harakat qil. Chunki Dimas bu dunyoga ko‘ngil bog‘lab, meni tark etdi. U Salonika shahriga ketdi. Kriskiy Galatiyaga, Titus Dalmatiyaga ketdi. Yonimda faqat Luqo bor. Markni o‘zing bilan birga olib kel, u xizmatimda menga yordam beradi. Men Tixikni Efes shahriga yubordim. Kelayotganingda o‘zing bilan to‘nimni olib kel, men uni Troas shahridagi Karpnikida qoldirganman. Qo‘lyozmalarni ham, ayniqsa, charmga yozilganlarini olib kel. Temirchi Iskandar menga ko‘p yomonlik qildi. Rabbimiz Iso uni qilmishiga yarasha jazolaydi. Sen Iskandardan ehtiyot bo‘l, chunki u bizning ta’limotimizga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Meni birinchi marta mahkamaga olib borishganda, hech kim meni yoqlamadi. Hamma meni tashlab ketdi. Xudo bu aybni ularning bo‘yniga qo‘ymasin! Ammo Rabbim Iso yonimda turdi, Xushxabarni to‘lig‘icha barcha xalqlarga yetkazishim uchun Uning O‘zi menga kuch berdi. U meni o‘lim changalidan qutqardi. Rabbim meni bundan keyin ham har qanday yomonlikdan xalos qiladi va O‘zining samoviy Shohligiga sog‘–salomat yetkazadi. Unga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Priskilla bilan Akilga va Onisiforning xonadoniga salom aytib qo‘y. Yerast Korinf shahrida qoldi. Trofim esa kasal bo‘lgani uchun, uni Milit shahrida qoldirdim. Qish boshlanmasdan oldin kelishga harakat qil. Evvul, Pud, Lin, Klavdiya va qolgan hamma birodarlar senga salom yo‘llayaptilar. Rabbimiz Iso senga hamroh bo‘lsin. Uning inoyati hammangizga yor bo‘lsin. Xudoning quli va Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan salom! Xudoning tanlangan odamlari imonda sobit bo‘lsinlar va xudojo‘ylikka chorlovchi haqiqatni bilib olsinlar deb, Xudo meni bu xizmatga tayinladi. Havoriy sifatida men ularni abadiy hayotdan umidvor bo‘lishga da’vat etaman. Zero, Xudo abadiy hayotni azaldanoq va’da qilgan. U hech qachon yolg‘on va’dalar bermaydi. Belgilangan paytda Xudo abadiy hayotga chorlovchi Xushxabarni bizning voizligimiz orqali ayon etdi. Najotkorimiz Xudo bu Xushxabarni menga topshirib, uni e’lon qilishimni buyurdi. Qadrdonim Titus, bizning e’tiqodimiz bir, sen menga o‘z o‘g‘limday bo‘lib qolgansan. Otamiz Xudo va Najotkorimiz Iso Masih senga inoyat va tinchlik ato qilsin. Qolgan ishlarni bitirishing uchun men seni Krit orolida qoldirgan edim. Senga buyurganimdek, orolning har bir shahridagi imonlilar jamoati ustidan oqsoqollar tayinlagin. Jamoat oqsoqoli yaxshi nom chiqargan bo‘lishi shart. U o‘z xotiniga vafodor bo‘lsin. Uning farzandlari imonli bo‘lib, shaloqlik va itoatsizlik aybidan holi bo‘lishsin. Zero, jamoat yetakchisi Xudoning xonadonini boshqaruvchi sifatida kamchiliksiz bo‘lishi lozim, ya’ni u takabbur, jahldor, mayxo‘r, zo‘ravon yoki pulparast emas, balki mehmondo‘st, yaxshilikni sevadigan, vazmin, odil, oq ko‘ngil va nafsini tiygan odam bo‘lsin. Haqiqatga o‘rgatilgan, Xushxabar aqidalariga qattiq rioya qiladigan inson bo‘lsin. Shunda u boshqalarga ham sog‘lom ta’limot bilan nasihat qila oladi, qarshilik qiluvchilarni esa fosh eta oladi. Axir, hech kimga itoat qilmaydigan, quruq gap sotuvchi yolg‘onchi birodarlar bor, ayniqsa sunnatlilar orasida bundaylar ko‘p. Ularning safsatalarini to‘xtatish kerak. Zero, ular pul ishlash niyatida soxta ta’limotlar o‘rgatib, butun oilalarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqdalar. Mana, ulardan chiqqan bir mutafakkir o‘z yurtdoshlari haqida shunday degan: “Kritliklar doimo yolg‘on gapirishadi, Ular yeb–to‘ymas dangasalardir, Go‘yoki yirtqich hayvonlardir”. Bu gapda jon bor. Shuning uchun beboshlarga qattiq tanbeh ber, toki ular haq imonga qaytsinlar. Yahudiylarning afsonalariga va haqiqatdan yuz o‘girgan odamlarning ko‘rsatmalariga quloq solmasinlar. Qalbi pok odamlar uchun hamma narsa haloldir. Buzuq va imonsizlarning nazarida esa hamma narsa haromdir. Bundaylarning aqli ham, vijdoni ham bulg‘angan. Ular, Xudoni bilamiz, deydilar–u, o‘z qilmishlari bilan Uni inkor etadilar. Bunday qabih, o‘zboshimcha odamlar hech bir xayrli ishga yaramaydilar. Titus, sen sog‘lom ta’limot asosida nasihat qil. Yoshi katta erkaklarga ayt: ular mayxo‘rlikka berilmaydigan, hurmatga sazovor, vazmin, imonda mustahkam, mehribon va sabr–toqatli bo‘lsinlar. Yoshi katta ayollarga ham tayinla, ular sharafli hayot kechirsinlar. G‘iybat qilmasinlar, mayxo‘rlikka ruju qo‘ymasinlar. Har qanday xayrli ishda ibrat ko‘rsatib, kelinlarga pand–nasihat qilsinlar, ularga o‘z erlari va farzandlarini sevishni, vazmin, iffatli, ro‘zg‘orga jonkuyar, mehribon, erlariga bo‘ysunadigan bo‘lishni o‘rgatsinlar. Shunda hech kim Xudoning kalomini yomonlamaydi. Yigitlarni ham bosiq bo‘lishga undagin. Har bir ishda yurish–turishing bilan o‘zing ularga o‘rnak bo‘lgin. Ta’lim berganingda samimiy va jiddiy bo‘l. To‘g‘ri ta’lim bergin, shunda tanqidning oldini olgan bo‘lasan va raqiblarimiz biz haqimizda yomon so‘z aytolmay, uyatga qoladilar. Qullarga o‘rgat, ular doim o‘z xo‘jayinlariga itoat etib, ularni mamnun qilsinlar. Gap qaytarmasinlar, o‘g‘rilik qilmasinlar, har qanday vaziyatda to‘g‘ri yo‘l tutib, ishonchga sazovor bo‘lsinlar. Shunda qullar xulq–atvori bilan Najotkorimiz Xudo haqidagi ta’limotning tengi yo‘q go‘zalligini namoyon etadilar. Zero, Xudo butun insoniyatga najot yo‘lini ochib berib, O‘z inoyatini ko‘rsatdi. [12-13] Bu inoyat orqali Xudo bizga shuni o‘rgatadiki, biz xudosiz hayotdan va dunyoviy orzu–ehtiroslardan voz kechishimiz kerak. Axir, bizning ajoyib umidimiz bor: biz Najotkorimiz Iso Masihning kelishiga va buyuk Xudoning ulug‘vorligini ko‘rishga umid bog‘laganmiz. Masihning kelishini kutar ekanmiz, bu o‘tkinchi hayotimizda nafsni tiyishimiz, to‘g‘ri va taqvodor hayot kechirishimiz lozim. *** Axir, Iso Masih bizni barcha illatlarimizdan xalos qilish uchun O‘z jonini fido qildi. U bizni poklab, O‘ziga tegishli bo‘lgan, yaxshilik qilishga bag‘ishlangan aziz bir xalq qildi. Aytganlarimning hammasini sen jamoatdagilarga o‘rgat. Xudo bergan hokimiyat bilan ularga nasihat qil, tanbeh ber. Seni birontasi kamsitishiga yo‘l qo‘yma. Sen jamoatdagilarga eslatib tur: ular davlat boshliqlariyu hokimlarga bo‘ysunsinlar, itoat etib, har qanday xayrli ishga tayyor bo‘lsinlar. Hech kimni yomonlamasinlar, janjallashmasinlar, boshqalarga nisbatan doim muloyim va mehribon bo‘lsinlar. Bir vaqtlar bizlar ham fahmsiz, itoatsiz, adashgan odamlar edik, har xil zavqu ehtiroslarning quli bo‘lib, gina–kudurat va hasadgo‘ylik bilan kun kechirardik, bir–birimizdan nafratlanadigan razil odamlar edik. Ammo Najotkorimiz Xudo bizga bo‘lgan ezguligi va mehr–muhabbatini ko‘rsatdi. Savobli ishlarimiz tufayli emas, balki O‘zining rahm–shafqati tufayli U bizni qutqardi. Muqaddas Ruh orqali gunohlarimizni yuvdi, bizni yangidan tug‘dirib, yangi hayot ato etdi. Najotkorimiz Iso Masih orqali Xudo bizning ustimizga Muqaddas Ruhini mo‘l–ko‘l qilib yog‘dirdi. Biz Isoning inoyati bilan oqlandik, endi abadiy hayotga umid bog‘lab, Xudo va’da qilgan barakalardan bahramand bo‘la olamiz. Bu gaplarning hammasi to‘g‘ri va asoslidir. Ushbu ta’limotning foydasi katta. Jamoatdagilarga yaxshilab uqtir, ular o‘rgatganlarimning hammasiga rioya qilsinlar. Xudoga ishonganlar xayrli ishlarga astoydil bel bog‘lasinlar. Sen esa ahmoqona bahslardan, shajaralar hamda Tavrot qonunlari borasidagi munozarayu janjallardan o‘zingni olib qoch. Bular foydasiz va behudadir. Orangizga nizo urug‘ini sepayotgan odamni bir–ikki marta ogohlantir, agar gapingga kirmasa, u bilan aloqani uz. O‘zing bilasan–ku, bunday odamning fikri buzuq. Uning qilayotgan gunohlari o‘zini mahkum etadi. Artemas yoki Tixikni sening yoningga yuborganimdan keyin, Nikopol shahriga, mening oldimga tezroq kelishga harakat qil. Chunki men qishni shu yerda o‘tkazishga qaror qildim. Qo‘lingizdan kelgancha qonunshunos Zinas va Apollosga yordam qilinglar, safarga chiqishlari uchun kerakli hamma narsani ularga bekamu ko‘st qilib yetkazib beringlar. Toki jamoatdagilar ham xayrli ishlarga astoydil bel bog‘lashga odatlansinlar, boshqalarning zaruriy ehtiyojlarini qondirsinlar, shunda hayotlari samarasiz bo‘lmaydi. Yonimdagilarning hammasi senga salom yo‘llayaptilar. Bizni yaxshi ko‘radigan imondagi birodarlarimizga salom aytgin. Xudoning inoyati hammangizga yor bo‘lsin. Iso Masihga qilgan xizmatim tufayli qamoqda bo‘lgan men — Pavlusdan hamda birodarimiz Timo‘tiydan sevikli hamkorimiz Filimo‘nga salom! Singlimiz Affiya bilan safdoshimiz Arxippga, shuningdek, xonadoningda yig‘ilib turadigan imonlilar jamoatiga ham salom yo‘llaymiz. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin. Ey Filimo‘n, men ibodat qilganimda seni eslab, har doim Xudoyimga shukr aytaman. Chunki sening Rabbimiz Isoga bo‘lgan imoning va barcha aziz birodarlarga bo‘lgan muhabbating haqida eshitib turibman. Ibodatim shuki, bizniki bilan bir bo‘lgan imoning Iso Masih nomi uchun qilishimiz kerak bo‘lgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin. Birodarim, sen tufayli birodarlarning ko‘ngli tinch. Sening mehr-muhabbating menga katta sevinch va tasalli berdi. Filimo‘n, sen ham, men ham Masihga ishonamiz. Shuning uchun men jasorat bilan senga o‘z burchingni bajargin, deb buyursam bo‘lardi. Ammo sen meni yaxshi ko‘rganing uchun iltimos qilishni afzal ko‘rdim. Iso Masih tufayli qamoqda bo‘lgan, yoshi o‘tib qolgan, men, Pavlus, mahbusligimda imon orqali menga o‘g‘il bo‘lib qolgan O‘nisim uchun sendan iltimos qilyapman. O‘nisim bir vaqtlar senga foydasiz edi. Endi esa u senga ham, menga ham foydalidir. Ko‘zimning oqu qorasiday bo‘lib qolgan O‘nisimni sening oldingga qaytarib yubordim. Men Xushxabarni targ‘ib qilganim uchun qamoqda yotibman. O‘nisimning yonimda qolishini, sening o‘rningga menga xizmat qilishini xohlar edim. Ammo sening roziligingsiz hech bir ish qilishni xohlamadim, chunki sening iltifotingni majburiy emas, balki ixtiyoriy bo‘lishini istadim. Balki, sen O‘nisimni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir. Endi u senga faqatgina qul emas, balki quldan yuqori, sevikli birodaringdir. Men uni juda qadrlayman. Ishonchim komilki, u senga ham qul sifatida, ham Rabbimiz Iso orqali birodaring sifatida yanada qadrliroqdir. Agar sen meni Rabbimiz xizmatidagi safdoshing, deb bilsang, O‘nisimni meni qabul qilganday qabul qilgin. Mabodo u senga zarar keltirgan bo‘lsa yoki sendan qarzdor bo‘lsa, buni mening zimmamga yukla. Men, Pavlus, quyidagini o‘z qo‘lim bilan yozyapman: men qarzingni to‘layman. Sen o‘z hayoting uchun mendan qarzdor ekanligingni aytishimning esa hojati yo‘q. Ha, birodarim, Rabbimiz Iso tufayli mendan bu iltifotingni ayama! Masih haqi–hurmati jonimga oro kirgin! Sen mening so‘zlarimga quloq solib, aytganlarimni qilasan, ha, bundan ham ko‘prog‘ini bajarasan, deb ishonganim uchun bularni yozdim. Bundan tashqari, menga biror turar joy ham tayyorlab qo‘ygin. Chunki Xudo ibodatlaringizni eshitib, meni yana sizlarning oldingizga qaytarishiga ishonaman. [23-24] Men bilan birga Iso Masih nomi uchun mahbus bo‘lgan Epafras, hamkorlarim Mark, Aristarx, Dimas, Luqo senga salom yo‘llayaptilar. *** Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Xudo qadimda ota –bobolarimizga ko‘p marta va turli tarzda payg‘ambarlar orqali gapirgan edi. Bu oxirgi kunlarda esa U bizga O‘z O‘g‘li orqali gapirdi. Xudo koinotni O‘g‘li orqali yaratgan va Uni butun borliqning vorisi qilib tayin etgan. O‘g‘il — Xudo shuhratining porlashi, Xudo borlig‘ining aniq suratidir. U O‘zining qudratli kalomi bilan koinotni asrab turibdi. U O‘z jonini fido qilib, bizni gunohlardan pokladi, so‘ng samoda Ulug‘vor Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi. Darhaqiqat, Xudo Masihga “O‘g‘il” deb ulug‘ nom berdi. Bu nom Masih farishtalardan nihoyatda yuksak martabaga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. Axir, Xudo bironta farishtaga: “Sen Mening O‘g‘limsan, Bugun Men Senga Ota bo‘ldim”, — deb aytmagan! Yoki: “Men Unga Ota bo‘laman, U esa Menga O‘g‘il bo‘ladi.” — demagan! To‘ng‘ich O‘g‘lini bu dunyoga yana yuborishidan oldin esa, Xudo shunday deb aytadi: “Hamma farishtalarim Unga sajda qilsinlar.” Farishtalar haqida esa Xudo: “Men O‘z malaklarimni shamollarga aylantiraman, Xizmatkorlarimni lovullagan olov qilaman, — degandi. Ammo O‘z O‘g‘liga U shunday degan: “Sen Xudosan, Sening taxting abadiydir, Adolat hassasi shohliging hassasidir. Sen solihlikni sevasan, qabihlikdan nafrat etasan. Shu bois Men Seni do‘stlaringdan ustun qildim, Ha, Men, Xudoying, shodlik moyini Senga surtdim.” Yana O‘g‘liga shunday degan: “Sen Rabbiysan, Azalda zaminning poydevorini Sen qo‘ygansan, Samolarni O‘z qo‘llaring ila yaratgansan. Ular yo‘q bo‘lib ketar, Sen turaverasan, Ularning hammasi kiyim kabi eskirib ketadi. Keraksiz libosday ularni taxlab qo‘yasan, To‘zib ketgan kiyimday ularni almashtirasan. Sen esa hech o‘zgarmassan, Sen to abad yashaysan.” Xudo bironta farishtaga: “Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirgin”, — deb aytmagan. Axir, farishtalar bor–yo‘g‘i xizmatchi ruhlar! Xudo ularni abadiy hayotdan bahramand bo‘ladigan odamlarga xizmat qilish uchun yuborgan. Shu sababdan biz butun e’tiborimizni eshitganlarimizga qaratishimiz kerak. Shunda haqiqatdan og‘ib ketmaymiz. Farishtalar orqali ota –bobolarimizga berilgan Tavrot qonunlari majburiy edi. Agar Tavrot qonunlarini buzgan va ularga itoat etmagan odamlar har bir qilmishiga yarasha jazolangan bo‘lsa, nahotki biz buyuk najot xabariga e’tiborsiz qolsak jazodan qochib qutula olamiz?! Axir, dastlab bu najot xabarini bizga Rabbimiz Isoning O‘zi e’lon qildi–ku. Rabbimizga quloq solgan shohidlar bu xabarning haqiqiyligini bizga tasdiqlashdi. Xudo ham bu xabarni tasdiqladi: U alomatu mo‘jizalar va turli xil ajoyibotlar ko‘rsatdi, O‘z xohish–irodasiga ko‘ra Muqaddas Ruhning in’omlarini ulashib berdi. Biz aytayotgan kelajak dunyoni Xudo farishtalarga tobe qilmadi. Aksincha, Muqaddas Bitiklarda Xudoga shunday deb aytilgan: “Inson zoti nedirki, u haqda o‘ylagaysan?! Inson o‘g‘li nedirki, Sen uni ardoqlaysan?! Sen uni qisqa vaqtgagina farishtalardan past qilding, Keyin esa izzatu sharaf tojini unga kiygizding. Bor narsani uning oyog‘i ostiga qo‘yding.” “Bor narsani uning oyog‘i ostiga qo‘yding” degani, Xudo butun borliqni o‘sha insonning hokimiyatiga tobe qilganini bildiradi. Hozirgi kunda esa butun borliq unga tobe bo‘lganini biz ko‘rayotganimiz yo‘q. Ammo “qisqa vaqtgagina farishtalardan past bo‘lgan” insonni, ya’ni Isoni biz ko‘rib turibmiz. U inson bo‘lib keldi, Xudoning inoyati tufayli butun insoniyat uchun azob chekib, o‘ldi. Shu sababdan endi “izzatu sharaf tojini kiydi.” Xudo hamma narsani yaratgan va hamma narsa Uning ulug‘vorligi uchun mavjuddir. U ko‘p insonlarni O‘z ulug‘vorligidan bahramand qilish uchun najotga erishtirmoqchi bo‘ldi. Iso odamlarni najotga boshlab borsin deb, Xudo Uni azob–uqubatlar orqali barkamol Sardor qilib tayyorladi. Insonlarni gunohlardan poklovchi Iso va poklangan insonlarning hammasi bir oilaga mansubdir. Shu sababdan Iso ularni birodarlarim deb atashdan or qilmay, Xudoga shunday deydi: “Birodarlarimga Sen haqingda aytaman, Jamoa orasida Senga hamdu sano o‘qiyman.” Iso yana shunday deydi: “Umidim Xudodadir”, so‘ng yana aytadi: “Xudo bergan farzandlarim bilan birga Men shu yerdaman!” Bu farzandlar foniy bandalar bo‘lganlari uchun, Iso ham ular singari inson bo‘ldi. Zero, U O‘z o‘limi orqaligina o‘lim keltiruvchi iblisning qudratini yo‘q qila oldi va umr bo‘yi o‘lim qo‘rquviga qul bo‘lgan odamzodni ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi. Iso farishtalarni emas, balki Ibrohimning naslini qullikdan qutqargani aniq. Shu sababdan, U har jihatdan birodarlariga o‘xshagan bo‘lishi shart edi. Shundagina U xalqni gunohlaridan poklay oladigan, Xudoning xizmatidagi rahmdil va sodiq Oliy ruhoniy bo‘la olardi. Isoning O‘zi sinovdan o‘tib, azob chekdi. Shuning uchun U sinovdan o‘tayotganlarga yordam bera oladi. Ey birodarlarim, sizlar Xudoning aziz xalqisizlar. Xudo sizlarni O‘z huzuriga kirishga da’vat etgan. Kelinglar, Xudoning elchisi va biz e’tirof etgan e’tiqodimizning oliy ruhoniysi Iso haqida mulohaza qilaylik. Xudo Isoni Oliy ruhoniy qilib tayinladi. Muso Xudoning xonadonida sodiq xizmatkor bo‘lgani kabi, Iso ham Xudoga sodiq bo‘ldi. Biroq Iso Musodan ko‘ra ko‘proq ulug‘vorlikka loyiq bo‘ldi. Axir, uydan ko‘ra uni qurgan odam ko‘proq e’tiborga sazovor–ku! Albatta, har bir uyning quruvchisi bor, ammo aslida butun borliqning binokori — Xudo. Muso sodiq qul edi. U Xudoning butun xalqi orasida eng ishonchlisi bo‘lib, uning xizmati kelajakda oshkor bo‘ladigan ilohiy haqiqatning sharpasi edi, xolos. Masih esa sodiq O‘g‘il edi. Unga Xudoning xonadonini boshqarish topshirildi. Xudoning xonadoni esa bizmiz. Biz faqat jasur bo‘lib, umidimizni mahkam tutishimiz kerak. Axir, biz bu umidimiz bilan faxrlanamiz. Shunday ekan, Muqaddas Ruhning aytgan gaplarini yodingizda tuting: “Qaniydi bugun Mening ovozimga quloq solsangiz! Menga qarshi isyon qilgan otalaringizday tosh yurak bo‘lmanglar, Meni sahroda sinagan o‘sha ajdodlaringizday bo‘lmanglar. Otalaringiz qirq yil qilgan ishlarimni ko‘rsa ham, U yerda Meni sinab ko‘rdilar. Shu bois Men bu nasldan g‘azablanib, dedim: ‘Ular doim Mendan yuz o‘girishadi, Amrlarimga bo‘ysunishdan bosh tortishadi.’ Shuning uchun g‘azablanib, ont ichdim: ‘Ular farog‘at diyorimga kirmaydi’, dedim.” Ey birodarlarim, ehtiyot bo‘linglar! Yomon niyatga qalbingizdan o‘rin bermanglar, Xudoga bo‘lgan ishonchingizni yo‘qotmanglar. Aks holda bu illatlar sizlarni barhayot Xudodan qaytaradi. Har kunni Muqaddas Bitiklardagi “bugun” deb bilib, bir–biringizga nasihat qilinglar. Tag‘in birortangiz gunohga aldanib, yuragingizni tosh qilmanglar. Axir, biz Masihga sherik bo‘ldik. Faqat boshida ega bo‘lgan imonimizni oxirigacha mahkam tutishimiz lozim. Bir–biringizga Zaburdagi shu so‘zlarni eslatib turinglar: “Qaniydi bugun Mening ovozimga quloq solsangiz! Menga qarshi isyon qilgan otalaringizday tosh yurak bo‘lmanglar!” O‘shanda Xudoning ovozini eshitib turib, isyon qilgan kim edi? Muso Misrdan olib chiqqanlarning hammasi! Qirq yil davomida Xudo kimdan g‘azablangandi? Gunoh qilgan odamlardan! Ular hammasi o‘ldi, sahro ularga qabr bo‘ldi. Xudo ont ichib: “Ular farog‘at diyorimga kirmaydi”, deya kim haqida aytgan edi? Albatta bo‘ysunmagan odamlar haqida! Demak, ular Xudoga ishonmaganlari uchun farog‘at diyoriga kira olmadilar. Xudoning farog‘at diyoriga kirish haqidagi va’dasi hanuz kuchda qolgan. Shuning uchun ehtiyot bo‘laylik, tag‘in va’da qilingan farog‘at diyoriga kirishga nomunosib bo‘lib qolmaylik. Axir, farog‘at diyori haqidagi Xushxabar Isroil xalqiga sahroda e’lon qilinganday, bizga ham e’lon qilindi. Ammo ular bu Xushxabarni eshitsalar ham, uning qadriga yetmadilar. Ular bizga o‘xshab, bu xabarga quloq solganlarida edi, ishongan bo‘lar edilar. Biz bu xabarga ishonganimiz uchun farog‘at diyoriga kiramiz. Ishonmaganlar haqida esa Xudo shunday degandi: “Shuning uchun g‘azablanib, ont ichdim: ‘Ular farog‘at diyorimga kirmaydi.’” Holbuki, Xudo farog‘at diyorini dunyoni yaratganidayoq tayyorlab qo‘ygan. Chunki yaratilishning yettinchi kuni haqida Muqaddas Bitiklarda shunday deyilgan: “Yettinchi kuni Xudo hamma ishlarini bitirib, dam oldi.” Ammo ba’zi odamlar Xudoning farog‘at diyoriga kirmadilar. Yuqoridagi parchada aytilganday: “Ular farog‘at diyorimga kirmaydi.” Bundan anglashiladiki, farog‘at haqidagi Xushxabarni birinchi bo‘lib eshitganlar itoatsizligi uchun farog‘at diyoriga kirmaganlar. Ammo ba’zi kishilarga u yerga kirish uchun imkoniyat bor. Xudo o‘sha kishilarni ko‘zda tutib, “bugun” deb atalgan yana bir kunni tayin qildi. Ko‘p yillardan keyin U bu kun haqida Dovud orqali gapirdi. Xudoning bu gapini men oldin ham aytib o‘tganman: “Qaniydi bugun Mening ovozimga quloq solsangiz! Menga qarshi isyon qilgan otalaringizday tosh yurak bo‘lmanglar!” Agar Yoshua Isroil xalqini farog‘atga erishtirganda edi, o‘shandan keyin Xudo boshqa bir kun haqida gapirmagan bo‘lardi. Xullas, Xudoning xalqini Shabbat kuniga o‘xshagan farog‘at kutmoqda. Xudoning farog‘at diyoriga kirganlar Xudo kabi o‘z ishlaridan dam oladilar, chunki Xudo ham dunyoni yaratib bo‘lgandan keyin dam olgan edi. Shunday ekan, farog‘at diyoriga kirishga jon kuydiraylik. Aks holda biz ham Isroil xalqiday itoatsizlik qilib, farog‘atdan bebahra qolamiz. Xudoning kalomi jonli va ta’sirli, har qanday dudama qilichdan o‘tkirroqdir. U jon bilan ruhni, bo‘g‘inlar bilan ilikni ajratgudek suqilib kiradi. Xudoning kalomi xayolu yurakning niyatlarini fosh etadi. Butun borliq Xudoning ko‘zi oldida yap–yalang‘och va ochiqdir. Hech kim va hech narsa Undan pinhon emas. Biz Unga hisob beramiz! Shunday ekan, o‘zimiz e’tirof etgan e’tiqodimizni mahkam tutaylik! Zotan bizning ulug‘ Oliy ruhoniyimiz bor. Xudoning samodagi huzuriga kirib borgan bu Oliy ruhoniyimiz Xudoning O‘g‘li Isodir. U zaifliklarimizga hamdard bo‘la oladi. Axir, U biz kabi har tomonlama sinalgan, lekin bizga o‘xshab gunoh qilmagan. Kelinglar, inoyatli Xudoyimizning taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik. Shunda U bizga marhamat ko‘rsatadi, Uning inoyati zarur vaqtda bizga yordam beradi. Har bir oliy ruhoniy insonlar orasidan tanlab olinadi. U Xudoga gunohlar uchun nazrlar va qurbonliklar keltirib, xalq vakili bo‘lib xizmat qiladi. G‘aflatda gunoh qilib qo‘ygan odamlarni oliy ruhoniy tushunadi, chunki u o‘zi ham inson, kamchiliklari bor. Shu sababdan u nafaqat xalqning gunohlari uchun, balki o‘zining gunohlari uchun ham qurbonliklar keltirishi zarur. Hech kim o‘z xohishi bilan oliy ruhoniy bo‘la olmaydi, balki Horunga o‘xshab Xudo tomonidan tayinlanadi. Shunday ekan, Masih ham oliy ruhoniylik sharafini o‘zlashtirib olmadi. Aksincha, Unga: “Sen Mening O‘g‘limsan, Bugun Men Senga Ota bo‘ldim.” — deb aytgan Xudo Uni Oliy ruhoniy qilib tayinladi. Zero, boshqa bir joyda Xudo Unga shunday degan: “Sen Maliksidiq singari To abad ruhoniysan.” Masih bu dunyoda yashagan paytda ko‘z yosh to‘kib, Xudoga faryod qildi, Unga iltijo qilib yolvordi. Chunki Xudo Uni o‘limdan qutqarishga qodir ekanligini Masih bilar edi. U Xudoni yuksak darajada e’zozlagani uchun Uning iltijosi ijobat bo‘ldi. Garchi U Xudoning O‘g‘li bo‘lsa ham, azob–uqubat chekib, itoatkorlikning asl ma’nosini angladi. Xudo azoblar orqali Masihni barkamol qildi. Shunday qilib, Unga itoat qilganlarning hammasi uchun Masih abadiy najot manbayi bo‘ldi. Xudo Masihni “Maliksidiq singari Oliy ruhoniy” deb e’lon qildi. Oliy ruhoniyimiz haqida sizlarga yana ko‘p gapirgan bo‘lardim–u, ammo qanday qilib sizlarga tushuntirishni bilmayman, chunki sizning aqlingiz o‘tmas bo‘lib qolgan. Sizlar o‘zlaringiz allaqachon ustozlik qilishingiz kerak edi! Ammo siz boshqalarga emas, boshqalar sizlarga Xudo kalomining ilk asoslarini o‘rgatishlari kerak. Sizlar hali ham sutga muhtojsiz! Quyuq ovqatni hazm qila olmaysiz. Sut bilan oziqlanadigan har bir kishi hali chaqaloq. U to‘g‘ri bilan noto‘g‘rining farqiga bormaydi. Quyuq ovqat esa ulg‘ayganlar uchundir. Ular tajriba orttirib, yaxshini yomondan farqlay oladilar. Shunday ekan, Masihning boshlang‘ich ta’limotida to‘xtab qolmaylik. Aksincha, imonda yetuk bo‘lishga intilaylik. Hadeb ta’limotning ilk asoslarini o‘rganavermaylik. O‘limga yetaklovchi ishlardan tavba qilish va Xudoga ishonish haqida, poklanish marosimlari va qo‘l qo‘yib duo qilish haqida, o‘liklarning tirilishi va abadiy hukm haqida qayta–qayta ta’lim olishimiz shart emas. Endi Xudoning madadi bilan yetuklik sari qadam tashlaymiz. Nahotki Xudodan yuz o‘girgan odamni tavba qildirib bo‘lsa?! Bunday odam Xudoning nurini ko‘rib, samoviy in’omdan lazzat olgan, Muqaddas Ruhdan bahramand bo‘lib, Xudo kalomining ezguligini totib ko‘rgan va kelajak dunyoning qudratini o‘z tajribasida ko‘rgan. Agar shularga qaramay, u Xudodan qaytsa, ikki dunyoda ham tavba qilmaydi! Chunki u bu qilmishi bilan Xudoning O‘g‘lini go‘yo boshqatdan xochga mixlab, hammaning oldida Uni sharmanda qilayotganday bo‘ladi. Xudoning yo‘lidan yurgan odamni mo‘l–ko‘l yomg‘irga to‘ygan yerga o‘xshatsa bo‘ladi. Bunday yer dehqonlar uchun yaxshi hosil yetishtirib, Xudodan baraka topadi. Xudodan qaytgan odam esa yantog‘u tikan bosgan yerga o‘xshaydi. Bunday yer foydasiz bo‘lib, la’natga duchor bo‘lish xavfi ostida qoladi. Oxir–oqibatda esa olovga yem bo‘ladi. Sevimli birodarlarim, qattiq gapirganimga qaramay, sizlardan ko‘nglim to‘q. Sizlar najotga eltuvchi to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganingizga ishonchim komil. Axir, Xudo adolatlidir. U sizning ishingizni unutmaydi, Unga bo‘lgan muhabbatingiz tufayli azizlariga qilgan va qilayotgan xizmatlaringizni yodida tutadi. Xizmatdagi bu shijoatingizni har biringiz oxirigacha asrashingizni chin dildan xohlaymiz. Chunki shundagina Masihga bo‘lgan umidingiz so‘nmaydi. Erinchoq bo‘lmanglar. Aksincha, imoni va sabr–toqati tufayli Xudoning va’dalaridan bahramand bo‘lgan birodarlardan o‘rnak olinglar. Xudoning Ibrohimga bergan va’dasini eslanglar. O‘shanda Xudo O‘z nomi haqi qasam ichgandi. Zero, qasam ichish uchun O‘zidan buyukroq biron zot yo‘q edi. O‘shanda Xudo qasam ichib, shunday degandi: “Senga albatta qut–baraka beraman, Naslingni son–sanoqsiz qilaman.” Ibrohim sabr–toqat qilib, berilgan va’daga erishdi. Odamlar qasam ichganlarida o‘zlaridan buyukroq bo‘lgan kimsaning ismi haqi qasam ichadilar. Qasam aytilgan gapning tasdig‘i hisoblanadi va har qanday bahsga xotima beradi. Shunga o‘xshab, Xudo ham O‘z va’dasini qasam bilan tasdiqladi. Chunki xalqiga baraka berishni va’da qilgan Xudo shu orqali O‘z irodasining qat’iy ekanligini aniq ko‘rsatmoqchi edi. Xudo yolg‘on gapirmaydi! Uning bergan va’dasi va ichgan qasami hech qachon o‘zgarmaydi. Xudo tasdiqlagan va’dasidan endi biz kuchli dalda olib, U bergan umidni mahkam tutaylik. Axir, biz Xudodan panoh topganmiz. Bu umid jonimiz uchun tebranmas, mustahkam langardaydir. Umidimiz bizni samoviy Chodirdagi pardaning orqa tarafiga, Xudoning huzuriga olib kiradi. Iso bizdan oldin u yerga kirib, biz uchun yo‘l ochib berdi. U Maliksidiq singari to abad Oliy ruhoniyimiz bo‘ldi. Maliksidiq — Salim shohi va Xudoyi Taoloning ruhoniysi edi. Ibrohim to‘rtta shohni mag‘lub etib, qaytib kelayotganda, Maliksidiq uni kutib olgani chiqib, duo qilgan edi. Ibrohim esa Maliksidiqqa olgan hamma o‘ljasining o‘ndan birini bergandi. Maliksidiq ismining ma’nosi “adolat shohi” demakdir. U yana “tinchlik shohidir”, chunki Salim “tinchlik” ma’nosini beradi. Uning na otasi, na onasi, na nasabnomasi bor. Hayotining boshi ham, oxiri ham yo‘q. U Xudoning O‘g‘li singari to abad ruhoniy bo‘lib qoladi. Maliksidiq qanchalik buyuk zot ekanligini bilib qo‘ying! Hatto ulug‘ ajdodimiz Ibrohim ham o‘ljasining o‘ndan birini unga bergandi. Levi naslidan bo‘lgan ruhoniylar esa Tavrotda buyurilishicha Isroil xalqidan, ya’ni o‘z birodarlaridan ushr yig‘ishlari kerak edi. Vaholanki, Isroil xalqining hammasi Ibrohimning avlodlaridir. Maliksidiq Levi naslidan bo‘lmasa–da, Ibrohimdan ushr oldi. So‘ng Ibrohimni — Xudoning va’dalarini olgan zotni duo qildi. Hammamizga ma’lumki, duo qilgan odam duo olgan odamdan ulug‘roqdir. Ushr yig‘adigan ruhoniylar foniy bandalar edi. Ibrohimdan ushr olgan Maliksidiq esa, Muqaddas Bitiklarda yozilishicha hanuz barhayotdir. Hatto aytishimiz mumkinki, ushr oluvchi levi ruhoniylari ham Ibrohim orqali Maliksidiqqa ushr bergandilar. Chunki Maliksidiq Ibrohimni kutib olganda, levi ruhoniylari hali bobokaloni Ibrohimning pushti kamarida edilar. Levi ruhoniylari bizni barkamol qila olmaydilar. Shuning uchun Xudo Horunning nasabidan bo‘lgan ruhoniyni emas, balki Maliksidiqqa o‘xshagan boshqa bir ruhoniyni yubordi. Isroil xalqiga berilgan qonunlar levi ruhoniylari orqali joriy qilingan edi. Shunday ekan, Xudo yangi ruhoniylikni tashkil qilganda, yangi qonunlarni ham joriy qildi. [13-14] Buni biz aytib o‘tgan ruhoniy, ya’ni Rabbimiz Iso misolida aniq ko‘rishimiz mumkin. Biz bilamizki, Rabbimiz Iso Levi qabilasidan emas, balki Yahudo qabilasidan kelib chiqqan. Yahudo qabilasidan hech kim ruhoniy bo‘lib, qurbongohda xizmat qilmagan. Buning ustiga, Muso bu qabila haqida gapirganda ruhoniylikka doir biron ko‘rsatma bermagan. *** Yangi qonunlar joriy qilinganini yana shundan aniq ko‘rishimiz mumkin: Rabbimiz xuddi Maliksidiq kabidir. Uning ruhoniyligi bu foniy dunyoning talabiga, ya’ni nasl–nasabga doir qoidalarga asoslanmagan, balki Maliksidiqning ruhoniyligi singari cheksiz hayot qudratiga asoslangan. Zotan Muqaddas Bitiqda U haqda shunday yozilgan: “Sen Maliksidiq singari To abad ruhoniysan.” Demak, avvalgi qonun–qoidalar ojiz va samarasiz bo‘lgani uchun bekor qilindi. Chunki qonun biron–bir kishini kamolotga yetkaza olmagan. Endi qonun o‘rniga bizga a’loroq bir umid berildi, biz bu umid orqali Xudoga yaqinlasha olamiz. [20-21] Bundan tashqari, Isoni Xudo Oliy ruhoniy qilib tayinlaganda ont ichgandi. Muqaddas Bitiklarda bu haqda shunday deyilgan: “Egamiz ont ichgan, qarorini o‘zgartirmas: ‘Sen to abad ruhoniysan.’” Ammo levi ruhoniylari tayinlanganda, Xudo biron marta ont ichmagan. *** Demak, Xudo Iso orqali bizni a’loroq bir ahdga erishtirdi, Isoning O‘zi bunga kafildir. Yana bir farq shundaki: levi ruhoniylarining soni ko‘p edi, chunki o‘lim ruhoniylarga xizmatlarini davom etishga monelik qilar edi. Ammo Iso mangu bo‘lgani uchun, to abad ruhoniy bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun U O‘zi orqali Xudoga yaqinlashuvchilarga abadiy najot bera oladi. Axir, Iso doim barhayot bo‘lib, ular uchun Xudoga iltijo qiladi. Bizga aynan shunday — muqaddas, beg‘ubor va pok Oliy ruhoniy kerak edi. Iso gunohkorlardan ayrilgan, osmondan ham yuqoriga ko‘tarilgan. U boshqa oliy ruhoniylar kabi har kuni, oldin o‘z gunohlari uchun, keyin xalqning gunohlari uchun qurbonlik keltirishi kerak emas. Chunki U bir marta O‘zini qurbon qilib, xalqning gunohlari uchun keltiriladigan hamma qurbonliklarga chek qo‘ydi. Tavrotga binoan oliy ruhoniylikka ojiz bandalar tayinlanardi. Ammo endi Xudoning ont ichib bergan va’dasiga binoan oliy ruhoniylikka barkamollikka erishgan va to abad barkamol qoladigan Xudoning O‘g‘li tayin etildi. Xudo buni ont ichib bergan va’dasiga ko‘ra amalga oshirdi. Aytgan gaplarimizning mag‘zi quyidagicha: bizning shunday Oliy ruhoniyimiz borki, U samoda, Ulug‘vor Xudo taxtining o‘ng tomonida o‘tiribdi. U samodagi haqiqiy Chodirning Eng muqaddas xonasida xizmat qilyapti. Bu Chodirni inson emas, balki Egamizning O‘zi qurgandir. Har bir oliy ruhoniy Xudoga nazrlar va qurbonliklar keltirish uchun tayin etiladi. Shunday ekan, bizning Oliy ruhoniyimizning ham keltiradigan biror nazri bo‘lishi lozim edi. Agar U yer yuzida bo‘lganda edi, umuman ruhoniy bo‘lolmas edi. Chunki Tavrotda buyurilgan nazrlarni keltiruvchi ruhoniylar bor. Ular yer yuzidagi Muqaddas chodirda xizmat qiladilar. Bu Chodir bor–yo‘g‘i samodagi haqiqiy Chodirning nusxasi va soyasidir. Negaki, Xudo Musoga Chodir qurishni buyurganda, unga shunday degandi: “Ehtiyot bo‘l, hamma narsani Men senga tog‘da ko‘rsatgan namunaga muvofiq yasat.” Ammo Isoga berilgan ruhoniylik xizmati boshqa ruhoniylarnikiga qaraganda buyukdir. Chunki Uning vositasida tuzilgan yangi ahd avvalgi ahddan ulug‘roqdir va a’loroq va’dalarga asoslangan. Darvoqe, agar avvalgi ahd kamchiliksiz bo‘lganda edi, yangi ahd kerak bo‘lmasdi. Odamlar avvalgi ahd talablarini bajara olmasliklariga Xudoning ko‘zi yetib, U O‘z xalqiga shunday degan edi: “Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo xalqlari bilan yangi ahd tuzaman. Bu yangi ahd Men ularning ota –bobolari bilan tuzgan ahdga o‘xshamaydigan bo‘ladi. Men ota–bobolarini qo‘lidan yetaklab, Misrdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd tuzgan edim. Ammo ular o‘sha ahdimga rioya qilishmadi, shuning uchun Men ulardan yuz o‘girdim. Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday bo‘ladi: Men qonunlarimni odamlarning ongiga solib qo‘yaman, qonunlarimni ularning yuraklariga yozaman. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim bo‘ladilar. Shundan keyin odamlar bir–biriga: ‘Egamizni tanib–biling’, demaydigan bo‘lishadi. Chunki ularning hammasi — kattasidan tortib, kichigigacha Meni biladigan bo‘ladi. Men ularning ayblarini kechiraman, gunohlarini hech qachon esga olmayman.” Xudo yangi ahdni tilga olganda, oldingi ahdning eskirib ketganligini ko‘rsatdi. Eskirgan narsa esa tez orada yo‘q bo‘lib ketadi. Darvoqe, avvalgi ahd davrida sajdaga oid qonun –qoidalar va bu dunyoga mansub bo‘lgan bir sajdagoh bor edi. Bu sajdagoh Chodir bo‘lib, ikki xonadan iborat edi. Birinchi xona Muqaddas xona deb atalar edi. U yerda chiroqpoya, xontaxta va xontaxta ustida muqaddas nonlar bor edi. Chodirning ichki pardasi orqasida Eng muqaddas xona deb atalgan yana bir xona bor edi. Bu xonada tutatqi tutatiladigan oltin qurbongoh va har tomoni oltin bilan qoplangan ahd sandig‘i turardi. Ahd sandig‘i ichida manna solingan oltin idish, Horunning gullagan hassasi va amrlar yozilgan ikkita tosh lavha bor edi. Sandiqning qopqog‘i ustiga Xudo huzurining ramzi — qanotli karublar o‘rnatilgandi. Karublarning tepaga ko‘tarilgan qanotlari qopqoqni berkitib turardi. Bularning hammasini hozir birma–bir aytishning mavridi emas. Xullas, Chodir shu tarzda jihozlangan edi. Ruhoniylar har kuni Chodirning birinchi xonasiga kirib, o‘z xizmatlarini ado etardilar. Chodirning ichki — Eng muqaddas xonasiga esa faqatgina oliy ruhoniy yilda bir martagina kirardi. U doim o‘zi bilan qurbonlik qonini olib kirardi. Bu qonni o‘zining va xalqning bilmasdan qilgan gunohlari uchun nazr qilardi. O‘rnatilgan o‘sha tartib orqali Muqaddas Ruh shuni ko‘rsatyaptiki, Eng muqaddas xona xalq uchun yopiq. Chodirning birinchi xonasiga oid bo‘lgan qoidalar hanuz kuchda ekan, samodagi Eng muqaddas xonaga ham hali yo‘l yopiq. Bu qoidalar hozirgi zamon uchun ramzdir, ular shunday ma’noni bildiradi: keltirilgan nazrlar va qurbonliklar Xudoga sajda qiluvchilarning vijdonini poklay olmaydi. Bu nazrlaru qurbonliklar, shuningdek, yegulik, ichgulik va har xil poklanish marosimlariga oid udumlar inson tanasi bilan bog‘liq. Bular yangi tartib o‘rnatilguncha amal qilgan. Endi esa Masih kelgan xayr–barakalarning Oliy ruhoniysi bo‘ldi. U inson qo‘li bilan qurilmagan, bu dunyoga mansub bo‘lmagan samodagi mukammal Chodirga kirdi. Yerdagi Chodirdan buyukroq bo‘lgan samodagi bu Chodirdan o‘tib, Eng muqaddas xonaga kirdi. Masih bu xonaga takalar va buqalarning qoni bilan emas, balki O‘z qoni evaziga kirdi. U yerga bir marta kirib, bizni to abad gunohlardan ozod qildi. Ilgarilari takalaru buqalarning qoni hamda kuydirilgan g‘unajinning kuli harom bo‘lgan kishilarning ustiga sepilganda, ular jisman poklanardilar. Jonivorlarning qoni bilan shunday natijaga erishilgan bo‘lsa, Masihning qoni bilan bundanda buyukroq natijaga erishsa bo‘ladi! Zero, Masih mangu Ruhning qudrati orqali O‘zini benuqson qurbonlik sifatida Xudoga bag‘ishladi. Uning to‘kilgan qoni vijdonimizni o‘limga yetaklovchi ishlardan poklaydi, shunda biz barhayot Xudoga xizmat qila olamiz. Ana shu sababdan Masih Yangi Ahdning vositachisi bo‘ldi. Endi da’vat etilgan odamlar Xudoning va’da qilgan abadiy merosiga ega bo‘la oladilar. Ular avvalgi ahd davrida berilgan Xudoning qonunini buzib, gunoh qilgan edilar. Masih esa ularni gunohlaridan xalos qilish uchun qurbon bo‘ldi. Yangi ahdni go‘yo vasiyatga o‘xshatsa bo‘ladi. Qayerda vasiyat bor bo‘lsa, vasiyat qilgan odamning o‘limi tasdiqlanishi kerak. Chunki vasiyat o‘limdan keyingina kuchga kiradi. Vasiyat qiluvchi hali tirik ekan, vasiyatning hech bir ta’siri yo‘q. Shu bois avvalgi ahd ham to‘kilgan qon orqali kuchga kirgandi. Boshida Muso Tavrotdagi hamma amrlarni butun xalqqa o‘qib berdi. So‘ng bir tutam issop va qirmizi ip yordamida buqalar va takalarning qoni bilan suvni Tavrot kitobiga va butun xalqning ustiga sepib, dedi: “Shu qon Egamizning sizlar bilan qilgan ahdini tasdiqlaydi.” Shuningdek, Muso Muqaddas chodir ustiga va sajda marosimlarida ishlatiladigan barcha ashyolar ustiga qon sepdi. Darhaqiqat, Tavrot qonunlari bo‘yicha qariyb hamma narsa qon bilan poklanadi, to‘kilgan qon orqaligina gunohlar kechiriladi. Shu sababdan, samoviy Chodirning aksi bo‘lgan bu Chodir va undagi hamma ashyolar hayvonlarning qoni bilan poklanishi kerak edi. Ammo samoviy narsalar bundan a’loroq qurbonliklarni talab qiladi! Ana shu maqsadda Masih bizlar uchun Xudoning huzurida hozir bo‘ldi. U haqiqiy Chodirning soyasigina bo‘lgan bu dunyodagi chodirning Eng muqaddas xonasiga emas, balki inson qo‘li bilan qurilmagan samoviy Chodirga kirdi. Levi naslidan bo‘lgan oliy ruhoniylar har yili Eng muqaddas xonaga kirib, hayvonlarning qonini nazr qiladilar. Masih esa O‘zini qayta–qayta qurbonlik qilmadi. Agar Masih har yili O‘zini qurbonlik qilganda edi, dunyo yaratilgandan beri U qayta–qayta azob chekkan bo‘lardi. Buning o‘rniga U mana shu oxirgi zamonda odamlarning gunohlarini yuvish uchun, bir martagina olamga kelib, O‘zini qurbon qildi. Inson zoti bir marta o‘ladi, so‘ng Xudo tomonidan hukm qilinadi. Shu singari Masih ham ko‘plarning gunohlarini O‘z bo‘yniga olish uchun, bir marta qurbon bo‘lib, o‘ldi. U bu dunyoga qaytib keladi. Bu safar U gunohlarni yuvish uchun emas, balki Uni intizorlik bilan kutayotgan odamlarga najot berish uchun keladi. Qonun bo‘lg‘usi xayr–barakalarning asl surati emas, bor–yo‘g‘i soyasidir. Har yili qonun bo‘yicha Xudoga bir xil qurbonliklar keltiriladi. Demak, qonun bu qurbonliklar orqali Xudoga sajda qiluvchilarni kamolotga yetkaza olmaydi. Bordi–yu, o‘sha odamlar qurbonliklari orqali gunohdan poklana olganlarida edi, ularning vijdoni qiynalmasdi va ular qurbonlik keltirishni bas qilardilar. Holbuki, qurbonliklar har yili odamlarga gunohlarini eslatadi, xolos. Chunki buqayu takalarning qoni hech qachon gunohlarni yuva olmaydi. [5-6] Shuning uchun Masih dunyoga kelganda Xudoga shunday degan edi: “Sen qurbonligu nazrni istamading, Kuydiriladigan qurbonligu gunoh nazridan mamnun bo‘lmading, Itoat qilishim uchun Menga badan hozirlading. *** O‘shanda dedimki: ‘Mana, men keldim. Muqaddas Bitiklarda Men haqimda yozilgan. Sening xohishingni ado etish uchun keldim, ey Xudoyim.’” Dastlab Masih qonun talab qilgan qurbonliklar haqida so‘z yuritib, Xudoga: “Sen qurbonligu nazrni istamading, kuydiriladigan qurbonligu gunoh nazridan mamnun bo‘lmading”, — deb aytgan. So‘ng esa haqiqiy itoatkorlikni tilga olib, shunday degan: “Sening xohishingni ado etish uchun keldim, ey Xudoyim”. Bundan ko‘rinib turibdiki, Masih qurbonlik marosimlariga asoslangan avvalgi ahdni bekor qildi. Uning maqsadi yurakning itoatkorligiga asoslangan yangi ahdni o‘rnatish edi. Masih Xudoning xohishini bajarib, O‘z tanasini biz uchun qurbon qildi. Bu yagona qurbonligi orqali bizni gunohdan pokladi. Ruhoniylar har kuni Xudoga xizmat qiladilar. Bir xil qurbonliklarni qayta–qayta keltiradilar. Ammo bu qurbonliklar hech qachon gunohni yuva olmaydi. Masih esa gunohlarni abadiy yuvib tashlaydigan yagona qurbonlikni keltirib, Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi. “Xudo dushmanlarimni oyoqlarim ostiga poyandoz qiladi”, — deb Masih o‘sha vaqtdan beri kutmoqda. Darvoqe, U bittagina qurbonlik orqali gunohdan poklagan odamlarini to abad barkamol qildi. Muqaddas Ruh ham bu haqda bizga shahodat berib, dedi: “Egamiz shunday demoqda: ‘Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday bo‘ladi: Men qonunlarimni odamlarning yuragiga solib qo‘yaman, qonunlarimni onglariga yozaman. Men ularning gunohlaru qabihliklarini hech qachon esga olmayman.’” Demak, Xudo gunohlarni kechirgan bo‘lsa, boshqa qurbonlik keltirishning hojati yo‘q. Ey birodarlarim, Iso Masihning qoni tufayli endi biz Eng muqaddas xonaga dadillik bilan kira olamiz. Chunki Iso biz uchun yangi yo‘lni ochib berdi. U Chodirdagi parda orqali, ya’ni qurbon qilingan O‘z tanasi orqali hayot sari yetaklaydigan yo‘lni ochdi. Ha, bizning ulug‘ Ruhoniyimiz bor, U Xudoning butun xonadoni ustidan mas’uldir. Shunday ekan, samimiy qalb va mustahkam ishonch bilan Xudoga yaqinlashaylik. Axir, Masih O‘z qoni bilan qalblarimizni poklab, vijdonimizni qiynagan hamma gunohlardan tozaladi. Badanimiz ham toza suv bilan yuvildi. Endi o‘zimiz e’tirof etgan umidimizni ikkilanmay mahkam tutaylik. Chunki va’da bergan Xudo O‘z so‘ziga sodiqdir. Bir–birimizga e’tiborli bo‘lib, bir–birimizni mehr–muhabbatga va xayrli ishlarga chorlaylik. Ba’zi odamlarga o‘xshab, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz Isoning keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir–birimizni yanada ko‘proq ruhlantiraylik. Agar biz haqiqatni bilib olgandan keyin, ataylab gunoh qilishda davom etsak, bu gunohlarimizni hech qanday qurbonlik yuva olmaydi. Shunda qo‘rquv ichra Xudoning hukmini kutishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Oqibatda Xudoning dushmanlari bilan birga lovullagan olovda yonish bizning qismatimiz bo‘ladi. Musoning Tavrotiga bo‘ysunishni rad etgan odam ikki yoki uch guvohning shahodati asosida shafqatsizlarcha o‘ldirilardi. Shunday ekan, Xudoning O‘g‘lini oyoq osti qilgan odamni qanday jazo kutishini bir tasavvur qilib ko‘ringlar! Masihning ahd qoni bilan poklanib, so‘ng uni bulg‘agan odamning holi nima kechadi?! Xudoning inoyat Ruhini haqorat qilganning holi nima kechadi?! Axir, biz quyidagi so‘zlarni aytgan Xudoni yaxshi bilamiz: “Men qasos olaman, jazosini beraman. Men O‘z xalqimni hukm etaman.” Ha, barhayot Xudoning qo‘liga tushib qolish naqadar dahshatlidir! O‘tmishingizni eslanglar. O‘shanda sizlar Xudoning nurini ko‘rib, ko‘p azob–uqubatlarga bardosh bergan edingizlar. Ba’zida sizlarni hammaning oldida haqoratlab, xor qilishardi. Boshqa paytlarda bunday ahvolda qolgan birodarlaringizga yon bosardingiz. Qamoqda bo‘lganlarga hamdard bo‘lardingiz, mulkingiz musodara qilinganda buni xursandchilik bilan qabul qilardingiz, chunki sizlarda boqiy boylik borligini bilardingizlar. Shunday ekan, oldingiday imonda qat’iyatli bo‘linglar! Shunda buyuk mukofot olasizlar. Sabr–toqatli bo‘lib, Xudoning irodasini bajaringlar. Shunda Xudoning va’dasiga erishasizlar. Axir, Muqaddas Bitiklarda yozilganday, hademay kelishi kerak bo‘lgan Zot keladi. U kech qolmaydi. Xudoning solihlari Unga bo‘lgan sadoqati tufayli tirik qolishadi. Bordi–yu, birortasi imondan qaytsa, Xudo undan rozi bo‘lmaydi. Biz esa imondan qaytib, halok bo‘ladigan odamlardan emasmiz. Biz imonimizga sodiq qolgan, najot topgan odamlarmiz. Imon — umid qilingan narsalarning amalga oshishiga ishonish, ko‘rinmaydigan narsalarga amin bo‘lish demakdir. Imon tufayli ota –bobolarimiz Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ldilar. Imon tufayli biz koinot Xudoning kalomi bilan yaratilganini anglab olamiz, ko‘rinadigan moddalar ko‘rinmaydigan voqelikdan vujudga kelganini bilamiz. Imoni tufayli Hobil Xudoga Qobildan ko‘ra yaxshiroq qurbonlikni keltirdi. Xudo Hobilning qurbonligidan mamnun bo‘lib, Hobilni imoni tufayli solih kishi, deb bildi. Hobil o‘lgan bo‘lsa ham, uning imoni hanuz bizga namuna bo‘lib xizmat qilyapti. Imoni tufayli Xano‘x o‘lmadi. U tiriklayin osmonga ko‘tarilib ketdi. Xano‘x birdaniga g‘oyib bo‘lib qolgandi, chunki Xudo uni olib ketgan edi. Muqaddas Bitiklarda aytilishicha, Xudo Xano‘xni olib ketmasidan oldin ham undan mamnun edi. Ishonmagan odam hech qachon Xudoni mamnun qila olmaydi. Axir, Xudoga sajda qilayotgan har kim Xudoning borligiga ishonishi kerak, Xudoga yuz burganlarga Xudoning O‘zi mukofot berishiga u amin bo‘lishi kerak. Imoni tufayli Nuh oilasini qutqarish uchun kema qurgandi. U misli ko‘rilmagan kulfat haqidagi Xudoning ogohlantirishlarini eshitib, Xudodan qo‘rqib, Unga quloq solgandi. Qilgan bu ishi bilan u Xudoning butun dunyo ustidan chiqargan hukmini e’lon qildi. Xudo uni imoni tufayli solih kishi, deb bildi. Imoni tufayli Ibrohim Xudoga itoat qildi. Xudo unga: “Men senga mulk qilib beradigan yerga bor”, deb buyurganda, Ibrohim qayerga ketayotganini bilmasdan yo‘lga tushdi. Imon bilan u Xudo va’da qilgan yerda o‘rnashdi, musofir bo‘lib, chodirlarda yashadi. Uning o‘g‘illari Is’hoq va Yoqub ham u kabi kun kechirishdi, chunki Xudo ularga xuddi shunday va’da bergandi. Nega Ibrohim bunday qildi? Chunki u Xudo tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan, poydevori mustahkam, boqiy shaharni kutayotgan edi. O‘zi qarib ketgan, xotini Sora esa bepusht bo‘lganiga qaramay, Ibrohim imoni tufayli farzand ko‘rdi. Chunki farzandni va’da qilgan Xudo sadoqatli ekaniga u ishonardi. Shuning uchun bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan bu bitta odamdan osmondagi yulduzlarday, dengiz qirg‘og‘idagi qumday son–sanoqsiz nasl kelib chiqdi. Ibrohim, Is’hoq va Yoqub olamdan o‘tdilar, ammo Xudo bergan va’dasini bajarishiga ular ishonardilar. Ular Xudo va’da etgan yurtga erishmadilar, ammo o‘sha yurtni uzoqdan ko‘rib, xursand bo‘lgan edilar. Ular bu dunyoda kelgindi va musofir ekanliklarini ochiqchasiga tan oldilar. Musofirligini tan olgan odamlar o‘zlarining haqiqiy vatanini qo‘msayotganini ko‘rsatadilar. Bordi–yu, ular kelib chiqqan yurtini qo‘msagan bo‘lganlarida edi, u yerga qaytib borish uchun ilojini topar edilar. Aslida ular yaxshiroq yurtni, ya’ni samoviy vatanni qo‘msayotgan edilar. Shuning uchun Xudo O‘zini ularning Xudosi, deb atashdan or qilmaydi. Xudo hatto ular uchun bir shahar hozirlagan edi. [17-18] Xudo Ibrohimni sinovdan o‘tkazayotganda Ibrohim o‘z imoni tufayli o‘g‘li Is’hoqni qurbonlikka olib bordi. Garchi Xudo unga: “Men senga va’da qilgan nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi”, — deb va’da bergan bo‘lsa–da, u yagona o‘g‘lini qurbonlik qilishga tayyor edi. *** Demak, Xudo hatto o‘liklarni ham tiriltirishga qodir ekanligiga Ibrohim ishonardi. Shuning uchun Xudo Is’hoqni Ibrohimga tiriklayin qaytarib berdi. Is’hoq o‘likdan tiriladigan hamma odamlarning ramzi bo‘lib xizmat qiladi. Imoni tufayli Is’hoq o‘z o‘g‘illari Yoqub va Esovni duo qildi. Kelajakda duolari amalga oshishiga u ishongandi. Imoni tufayli Yoqub ham Yusufning o‘g‘illarini birma–bir duo qildi. U olamdan ko‘z yumayotganda ham, o‘z hassasiga suyanganicha, Xudoga sajda qildi. Imoni tufayli Yusuf Isroil xalqining Misrdan chiqib ketishi to‘g‘risida karomat qildi. U o‘sha paytda o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lib: “Mening suyaklarimni o‘zlaringiz bilan bu yerdan olib ketinglar”, — deb vasiyat qilgandi. Imoni tufayli Musoning ota–onasi, yangi tug‘ilgan Musoni uch oy yashirishdi. Ular chaqaloqning chiroyli ekanligini ko‘rib, Fir’avnning farmonidan qo‘rqishmadi. Voyaga yetganda Muso imoni tufayli Fir’avn qizining o‘g‘li deb atalishni rad etdi. Gunoh qilib, vaqtinchalik huzur–halovatda yashashdan ko‘ra, Xudoning xalqi bilan birga azob–uqubat chekishni u o‘ziga ravo ko‘rdi. U kelajakdagi mukofotni ko‘zlagani uchun, Masihni deb, xo‘rlanishni Misrning xazinalaridan afzal deb bildi. Imoni tufayli Muso Misrni tark etdi. U fir’avnning g‘azabidan qo‘rqmadi. Go‘yo ko‘rinmas Xudoni ko‘rgandek, tanlagan yo‘lidan qaytmadi. Imoni tufayli u Isroil xalqiga Fisih qo‘zilarini so‘yishni buyurdi. So‘ng qo‘zilarning qonini eshiklar kesakilariga sepishni buyurdi. Bundan maqsadi Isroil xalqining to‘ng‘ich o‘g‘illarini Azroildan asrab qolish edi. Imoni tufayli Isroil xalqi Qizil dengizdan xuddi quruqlikdan o‘tayotgandek kechib o‘tdi. Misrliklar ham o‘tmoqchi bo‘lishdi, ammo cho‘kib ketishdi. Isroil xalqi yetti kun Yerixo shahri devorlari atrofida aylanib bo‘lgandan keyin, ularning imoni tufayli shahar devorlari qulab tushdi. Imoni tufayli fohisha Rahoba halok bo‘lmadi. U ayg‘oqchilarga mehmondo‘stlik qilgani uchun, Xudoga itoat qilmagan hamshaharlari bilan birga o‘lmadi. Yana kimni misol qilib keltiray?! Gido‘n, Baraq, Shimsho‘n, Yiftox, Dovud, Shomuil va boshqa payg‘ambarlar haqida hikoya qilish uchun vaqtim yetarli emas. Ular imon bilan shohliklarni bosib oldilar, davlatni adolat bilan boshqardilar va Xudo bergan va’dalarga erishdilar. Sherlarning jag‘larini yopdilar, lovullagan olovni o‘chirdilar va qilich tig‘idan omon qoldilar. Holdan toygan paytlarida kuchga to‘ldilar, jangda bahodirlik ko‘rsatdilar va o‘zga yurt lashkarlarini tor–mor qildilar. Ayollar marhum qarindoshlarini tirilgan holda qaytarib oldilar. Boshqalar esa imoni tufayli qiynoqlarni boshdan kechirdilar. Ular Xudodan voz kechib, o‘limdan qutulishlari mumkin edi. Ammo ular bunday qilmadilar, chunki a’loroq narsani, ya’ni abadiy hayot uchun tirilishni umid qilgan edilar. Ba’zilar haqoratu kaltaklarga chidadilar, ba’zilar zanjirband bo‘lib, zindonlarda yotdilar. Ularni toshbo‘ron qildilar, tanalarini arralab ikkiga bo‘ldilar, qilichdan o‘tkazdilar. Ular qo‘y va echki po‘stinlarini kiyib, sarson–sargardon bo‘ldilar, muhtojlikda yashadilar, zulm ostida qoldilar, xor bo‘ldilar. Ular cho‘l–sahrolarda, tog‘–toshlarda daydib yurdilar, g‘orlarda, yerning kavaklarida yashirindilar. Dunyo ularning tirnog‘iga ham arzimas edi! Ular imoni tufayli Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ldilar. Shunday bo‘lsa–da, Xudoning va’dasiga erishmadilar. Xudoga sodiq qolgan bu odamlarni Xudo biz bilan birga barkamol qilishni istadi. Chunki U bizni ham o‘ylagan holda a’loroq rejani tayyorlab qo‘ygandi. Imoni bizga ibrat bo‘lib xizmat qiladigan ana shu odamlarning hammasi atrofimizni o‘rab olgan. Bu katta olomon bizni kuzatib turarkan, taqdirimizdagi musobaqada sabr–toqat bilan chopaylik. Yugurishimizga xalaqit berayotgan har qanday yukni, ayniqsa, to‘sqinlik qilayotgan har qanday gunohni bir chetga uloqtirib tashlaylik. Isoga ko‘z tikaylik. Axir, U bu imon musobaqasida biz uchun yo‘l ochib, butun masofani bizdan oldin yugurib o‘tdi. Iso kelajakdagi shodlikka erishish uchun, sharmandali o‘limni pisand qilmay, xochda azob bilan jon berdi. Hozir esa U Xudo taxtining o‘ng tomonida o‘tiribdi. Jasoratingiz so‘nmasligi va ko‘nglingiz cho‘kmasligi uchun, Iso haqida fikr yuritinglar. U gunohkorlar tomonidan ko‘p xo‘rlanib, hammasiga chidagan–ku! Sizlar esa qoningizni to‘kish darajasigacha gunohga qarshi kurashmadingizlar. Xudoning sizlarga O‘z farzandlari sifatida aytgan bu dalda so‘zlarini unutibsizlar: “O‘g‘lim, Egamizning tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lmagin, Undan tanbeh olganingda ko‘ngling cho‘kmasin. Zero, Egamiz yaxshi ko‘rgan bandasini tarbiyalaydi, Farzand qilib olgan har bir odamni jazolaydi.” Chekayotgan azoblaringizni Xudoning tarbiyasi, deb bilib, sabr–toqat qilinglar. Chunki Xudo sizlarni O‘z farzandlariday ko‘rib, tarbiya qilyapti. Axir, har bir ota o‘z farzandini tarbiya qiladi–ku! Agar Xudo sizlarni boshqa farzandlarini tarbiyalaganday tarbiyalamasa, demak, sizlar Xudoning farzandlari emas, haromzodasizlar. Biz jismoniy otalarimizning tarbiyasini olib, ularni hurmat qilib kelyapmiz. Shunday ekan, yangi hayotga ega bo‘lish uchun osmondagi Otamizga bundan–da ko‘proq itoat qilishimiz kerak emasmi?! Jismoniy otalarimiz qisqa vaqt davomida, bizni o‘z bilganiday tarbiyalagan edilar. Xudo esa bizning manfaatimizni ko‘zlaydi. Biz U kabi muqaddas bo‘lishimiz uchun Xudo bizni tarbiyalaydi. Odam tarbiya olayotganda xursand bo‘lmaydi, aksincha, qayg‘uradi. Ammo bunday tarbiyani olgan odam keyinchalik tinch–totuv va solih hayot kechiradi. Qo‘llaringiz toliqqan, tizzalaringiz bukilgan, ammo mahkam turing. O‘zingiz uchun to‘g‘ri yo‘lni tanlab yuring. Toki orangizdagi “ojiz” va “oqsoq” odamlar yiqilmasin, balki shifo topsinlar. Hamma bilan tinch–totuv yashashga harakat qilinglar. Halol hayot kechirishga tirishinglar, aks holda, Egamizni ko‘ra olmaysizlar. Ehtiyot bo‘linglar, tag‘in, o‘zingizni Xudoning inoyatidan mahrum qilib qo‘ymanglar. Oralaringizda achchiq ildiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymanglar, aks holda uning zahri muammolar tug‘dirib, ko‘plaringizni harom qiladi. Qaranglar, orangizda Esovga o‘xshaganlar bo‘lmasin. Esov to‘ng‘ich o‘g‘il huquqini bir kosa ovqat uchun sotgan axloqi buzuq, betavfiq bir odam edi. O‘zingizga ma’lumki, keyin Esov va’da qilingan merosni olish uchun, otasidan: “Meni duo qiling”, deb so‘radi, ammo otasi uni rad etdi. Esov ko‘z yosh to‘kib, otasiga yolvorsa–da, voz kechgan merosini qaytarib olishga aslo imkoni yo‘q edi. Sizlar yaqinlashgan tog‘ Sinay tog‘i emas. Sinay tog‘i jismoniy bir tog‘ bo‘lib, unga qo‘l tekkizib ko‘rsa bo‘lardi. U yerda alanga lovullab yonardi, ustini zulmat, qora bulut qoplagan, bo‘ron bosgan edi. Burg‘u sadosi yangrab, Xudoning ovozi eshitilgandi. Buni eshitgan odamlar: “Yolvoramiz, Xudo bizga boshqa gapirmasin”, deb o‘tingandi. Chunki “Toqqa hatto hayvon ham tegsa, toshbo‘ron qilinsin”, degan Xudoning buyrug‘iga ular dosh bera olmagan edilar. Sinay tog‘idagi manzara shu qadar dahshatli ediki, Musoning o‘zi: “Qo‘rqqanimdan titrab ketyapman”, — degandi. Sizlar, aksincha, samodagi Sion tog‘iga va barhayot Xudoning shahri — samoviy Quddusga yaqinlashgansizlar. Shod–xurramlik qilgani yig‘ilgan minglab farishtalar oldiga kelgansizlar. Ismlari osmonda yozilgan Xudoning merosxo‘rlariga sizlar sherik bo‘ldingizlar. Hammani hukm qiluvchi Xudoning huzuriga kirdingizlar. Xudo barkamol qilgan solihlarning ruhlari oldiga keldingizlar. Sizlar Yangi Ahdning vositachisi Isoning huzuriga kirdingizlar. Isoning qoniga yaqinlashdingizlar. Uning qoni Hobilning qoniga o‘xshab qasos talab qilmaydi, aksincha, gunohlarimizni yuvish uchun sepilgan. Ehtiyot bo‘linglar, sizlarga gapirayotgan Xudodan yuz o‘girmanglar! Xudo yer yuzida gapirgan vaqtda Uni rad etganlar halokatdan qutula olmaganlar. Shunday ekan, biz osmondan gapirayotgan Xudoni rad etsak, ikki dunyoda ham jazodan qutula olmaymiz! O‘sha vaqtda Uning ovozi yerni larzaga solgan edi. Endi esa U shunday demoqda: “Men yana bir bor yerni larzaga solaman, ammo bu safar osmonni ham titrataman.” “Yana bir bor” degani shuni bildiradiki, yaratilgan butun mavjudot yo‘q bo‘lib ketadi, faqat tebranmas, abadiy mavjudot qoladi. Bizga tebranmas shohlik berilgan. Shunday ekan, Xudodan minnatdor bo‘lib, ehtirom va qo‘rquv ila Unga manzur ravishda sajda qilaylik. Axir, bizning Xudoyimiz yamlamay yutadigan olovdir. Bir–biringizni birodarlarday yaxshi ko‘rishni davom ettiringlar. Mehmondo‘stlikni unutmanglar. Zero, mehmondo‘st bo‘lgan ba’zi odamlar o‘zlari bilmagan holda farishtalarni mehmon qilishgan. Qamoqdagi birodarlaringizni unutmanglar, go‘yo o‘zingiz ham ular bilan birga qamoqda o‘tirgandek, ularni yodingizda tutinglar. Xo‘rlanganlarni unutmanglar, o‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ringlar. Nikohni hammangiz e’zozlanglar. Er–xotinlik munosabatini beg‘ubor saqlanglar. Fahshu zinoga berilganlarni Xudo hukm qiladi. Pulga ko‘ngil bog‘lamanglar. Bori bilan qanoatlaninglar. Zero, Xudo: “Sizlarni tashlab ketmayman, sizlarni tark etmayman”, — deb aytgan. Shuning uchun biz ishonch bilan ayta olamiz: “Egam Madadkorimdir, shu bois qo‘rqmayman. Insonlar menga nima qila oladi?!” Xudoning kalomini sizlarga o‘rgatgan ustozlaringizni xotirlanglar. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida fikr yuritinglar. Imonlariga taqlid qilinglar. Iso Masih kecha, bugun va to abad O‘shadir, U o‘zgarmaydi. Shunday ekan, turli xil g‘alati ta’limotlarga berilib, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketmanglar. Qurbonlik marosimlariga doir yegulik–ichgulik qoidalariga rioya qilavermay, yaxshisi, Xudoning inoyati bilan yuragingizni baquvvat qilinglar. Axir, insonlar yaratgan bu qoidalar ularga rioya qiluvchilarga hech qanday foyda keltirmaydi. Esingizda bo‘lsin, biz ko‘zga ko‘rinmaydigan, haqiqiy qurbongoh oldida sajda qilmoqdamiz. Yerdagi qurbongoh oldida sajda qilayotganlar haqiqiy qurbongohda sajda qila olmaydilar. Ilgarilari oliy ruhoniy xalqni gunohlaridan poklash uchun hayvonlarni qurbonlik qilardi. U qurbonliklar qonini Muqaddas xonaga olib kirgandan so‘ng, go‘shtini yemasdan, so‘yilgan hayvonlarni qarorgohdan tashqarida kuydirardi. Shu singari Iso ham shahar darvozasidan tashqarida azob chekib o‘ldi. U O‘z qonini to‘kib, xalqini gunohlardan pokladi. Kelinglar, endi biz ham qarorgoh tashqarisiga Isoning oldiga chiqaylik. U bilan birga xo‘rliklarga chidaylik. Zero, bizning bu dunyoda doimiy maskanimiz yo‘q, biz bo‘lg‘usi shaharga ko‘z tikkanmiz. Shunday ekan, Iso orqali Xudoga hamdu sano nazrlarini taqdim qilaveraylik. Isoni Rabbimiz deb e’tirof etishimiz Xudoga qurbonlikday bo‘lsin. Yaxshilik qilishni va bir–birimizga yordam berishni unutmaylik, chunki bunday nazrlar Xudoga manzurdir. Jamoatdagi boshliqlaringizga quloq solinglar, aytganlarini qilinglar. Axir, ular imon yo‘lida sizlarga posbonlik qiladilar, Xudoning oldida sizlar uchun hisobot beradilar. Ularga itoat qilsangiz, ular o‘z ishini xursandchilik bilan bajaradilar, bo‘lmasa, o‘lgan kunidan qiladilar. Bundan sizga nima foyda bo‘ladi?! Men uchun ibodat qilinglar. Vijdonim toza ekanligiga aminman. Hurmatga loyiq hayot kechirishga harakat qilyapman. O‘tinib so‘rayman, men uchun ibodat qilinglar, toki sizlarning oldingizga tezroq qaytib boray. Tinchlik beradigan Xudo bizning Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirdi. Iso O‘z qoni bilan abadiy ahdni muhrlagani uchun Xudo Uni xalqining ulug‘ Cho‘poni qilib tayinladi. Shu qadar buyuk ishlarni qilgan Xudoning xohish–irodasini bajara olishingiz uchun U sizlarga har qanday ezgu fazilatu in’om bersin. U O‘zining manzur murod–maqsadini Iso Masih orqali sizlarda bajo keltirsin. Iso Masihga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Ey birodarlarim, sizlarga qisqagina maktub yozdim. O‘tinaman, maktubimdagi nasihatlarni sabr–toqat bilan qabul qilinglar. Aytmoqchi, birodarimiz Timo‘tiy qamoqdan chiqdi. Agar u bu yerga vaqtida yetib kelsa, sizlarni ko‘rgani borganimda, uni ham olib boraman. Jamoatdagi hamma boshliqlaringizga va barcha Xudoning azizlariga salom aytinglar. Italiyalik birodarlarimiz sizlarga salom yo‘llayaptilar. Xudoning inoyati hammangizga yor bo‘lsin. Men, Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning quli Yoqubdan, o‘zga yurtlarga tarqalib ketgan o‘n ikki qabilaga salom! Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo‘lganingizda o‘zingizni baxtli deb bilinglar. Axir, imoningiz sinalganda sizlar sabr–toqat qilishni o‘rganasizlar. Bu o‘zingizga ham ayon. Har qanday vaziyatda sabr qilishni o‘rganinglar, shunda yetuk, bekamu ko‘st, komil insonlar bo‘lasizlar. Agar birortangizga donolik yetishmasa, Xudodan so‘rang, U beradi. Chunki so‘raganlarning hammasiga Xudo saxovat bilan, beminnat beradi. Shu bois umidingizni faqatgina Xudoga bog‘lab, imon bilan so‘rang. Ikkilanmang, chunki Xudoga sidqidildan ishonmagan kishi go‘yo dengiz to‘lqiniga o‘xshaydi, shamol qaysi tomonga essa, to‘lqin o‘sha tomonga qarab yo‘naladi. Bunday odam Egamizdan biror narsa olaman deb umid qilmasin. U Xudoga tayanmagani uchun hayotida beqaror, o‘zgaruvchan bo‘ladi. Nochor ahvoldagi birodar Xudoning nazarida yuksak ekanligidan xursand bo‘lsin. Boy birodar esa Xudoga muhtoj ekanligidan shodlansin. Chunki o‘z boyligiga tayangan kishi dasht guliday xazon bo‘ladi. Quyosh jazirama issig‘i bilan dashtning o‘t–o‘lanlarini qovjiratib yuboradi. Gullarning go‘zalligi yo‘qolib, xazon bo‘ladi. Boylik orqasidan quvib, davlatiga tayanganlar ham xuddi shu singari nobud bo‘lishadi. Sinovlarga bardosh bergan odam baxtlidir. Chunki u sinovdan o‘tgach, hayot toji bilan taqdirlanadi. Bunday tojni Xudo O‘zini sevganlarga va’da qilgan. Vasvasaga tushganingizda Xudoni ayblamang! Chunki Xudo hech qachon vasvasaga tushmaydi va hech kimni vasvasaga solmaydi. Lekin har kim o‘z ehtirosi dastidan vasvasaga duchor bo‘lib, nafs tuzog‘iga ilinadi. Keyin ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi, gunoh esa yetilib, o‘limga olib boradi. Ey aziz birodarlarim, aldanmanglar! Har bir yaxshi va mukammal hadya samodan keladi. Bu hadyalarni osmondagi jamiki yoritqichlarni yaratgan Xudo beradi. Yoritqichlarning nuri paydo bo‘lib, g‘oyib bo‘ladi, Xudoning ezguligi esa yo‘qolmaydi. Zero, Xudo hech qachon o‘zgarmaydi. Xudo kelajakda butun borliqni yangilaydi. Biz bu yangilanishning ilk hosili bo‘lishimiz uchun, Xudo O‘z xohishiga ko‘ra bizga haqiqat kalomi orqali yangi hayot berdi. Ey aziz birodarlarim, shuni esingizda tutinglar: har bir odam eshitishda chaqqon, gapirishda vazmin, g‘azab kelganda bosiq bo‘lsin. Chunki insoniy g‘azabingiz Xudoga manzur bo‘lgan solih hayot kechirishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday ekan, har qanday jirkanch va yomon ishlarni bas qilinglar! Xudoning qalbingizga ekkan kalomini kamtarlik bilan qabul qilinglar. Axir, bu kalom joningizni qutqarishga qodir. Xudoning kalomiga rioya qilinglar! Kalomni eshitsam bas, deb o‘z–o‘zingizni aldamanglar. Kalomni tinglab, amalda rioya qilmagan odam o‘z yuzini ko‘zguda ko‘rgan kishiga o‘xshaydi. U o‘ziga qaradi–yu, ketdi va o‘sha zahoti o‘zining qanday ekanligini unutib yubordi. Sizlar esa ozodlik beruvchi Xudoning mukammal qonuniga doim sinchiklab qaranglar. Qonunni shunchaki eshitib, unutib yubormanglar, unga qat’iy amal qilinglar. Bu ishingiz uchun Xudo sizga baraka beradi. Agar siz o‘zingizni dindor hisoblab, tilingizni tiymasangiz, o‘z–o‘zingizni aldagan bo‘lasiz va sizning bunday din–diyonatingiz befoydadir. Otamiz Xudoning nazarida pok va beg‘ubor din–diyonatga ega bo‘lgan inson yetim–yesiru bevalarni qayg‘uli kunlarida yo‘qlab boradi, u bu dunyo dastidan bulg‘anmaydi. Ey birodarlarim, ulug‘vor Rabbimiz Iso Masihga ishonar ekansiz, yuz–xotirchilik qilmanglar. Sizlarning yig‘ilishingizga oltin uzuk taqqan, bashang kiyingan bir boy bilan ust–boshi juldur bir gadoy kirdi deb faraz qilaylik. Agar sizlar bashang kiyinganga qarab: “Marhamat qilib to‘rga chiqing”, — gadoyga esa: “Sen ostonada tur” yoki “Shu yerda, poygakda o‘tir”, — desangiz, sizlar bir odamni boshqasidan ustun qo‘ygan bo‘lmaysizlarmi?! Bu bilan sizlar yomon niyatli qozilarga o‘xshab qolasizlar–ku! Ey aziz birodarlarim, quloq solinglar: Xudo bu dunyodagi kambag‘allarni imonda boy qilish uchun tanladi! U O‘zini sevganlarga va’da qilganday, ularga O‘z Shohligini meros qilib berdi. Ammo sizlar–chi, kambag‘alni beobro‘ qilib tashladingiz! Sizlarga jabr–zulm qilgan boylar emasmi?! Sizlarni mahkamalarga sudrab olib borgan ular emasmi?! Sizlar Rabbimiz Isoga tegishlisizlar. Ammo bu boylar Rabbimizning ezgu nomini haqorat qilyaptilar! Agar sizlar Muqaddas Bitiklardagi: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving” degan Xudoning Shohligiga oid qonunga amal qilayotgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri qilayotgan bo‘lasizlar. Biroq yuz–xotirchilik qilayotgan bo‘lsangiz, gunoh qilyapsiz va qonunbuzar sifatida hukm qilinasiz. Kimki qonunning hammasiga rioya qilsa–yu, faqat bir narsada gunoh qilsa, u butun qonunni buzgan hisoblanadi. Chunki “Zino qilmang” degan Xudo “Qotillik qilmang” deb ham aytgan. Agar siz zino qilmasangiz–u, ammo odam o‘ldirsangiz, qonunni buzgan bo‘lasiz. Shuning uchun har bir gapingiz va ishingiz ozodlik beruvchi Xudoning qonuniga muvofiq bo‘lsin. Zero, Xudo har bir odamni o‘sha qonun bo‘yicha hukm qiladi. U shafqatsiz odamga rahm qilmaydi. Rahmdil inson esa hukm paytida Xudodan shafqat topadi. Ey birodarlarim, agar biror kishi imonim bor, desa–yu, xayrli ishlar qilmasa, nima foydasi bor?! Bunday imon uni qutqararmidi?! Faraz qiling, imonli birodaringiz och–yalang‘och bo‘lsa–yu, siz unga: “Yaxshi bor! Isinib, qorningni to‘ydirib yur”, — desangiz–u, ehtiyojini qondirmasangiz, bundan nima foyda?! Shunga o‘xshab quruq imonning o‘zi amalsiz o‘likdir. Kimdir: — Ba’zilarning xayrli ishlari, boshqalarning esa imoni bor–ku, — deb noroziligini bildirishi mumkin. Unday odamga men shunday javob bergan bo‘lardim: — Kel, senga imonimni xayrli ishlarim orqali ko‘rsatay. Sen esa imoningning samimiyligini qaysi dalil bilan isbotlay olasan? Axir, sen xayrli ishlar qilmaysan–ku! U odam: — Men Xudoning yagonaligiga ishonaman! — deb aytishi aniq. Men esa unga: — Ishonib, yaxshi qilasan! — deyman. — Ammo sening bu ishonching jinlarning ishonchidan aslo farq qilmaydi. Zero, jinlar ham Xudoning yagonaligiga ishonib, dahshatdan titraydi. Ey ahmoq, amalsiz imoning foydasiz ekanligini nahotki tushunmasang?! Otamiz Ibrohim o‘z o‘g‘li Is’hoqni qurbon qilmoqchi bo‘lgani uchun Xudo uni solih deb bildi! Ana, ko‘rdingmi?! Ibrohimning bu ishiga imon asos bo‘ldi. Uning qilgan ishi imonining chinligini ko‘rsatdi. Shu tariqa Tavrotdagi: “Ibrohim Xudoga ishondi, Xudo uni ishonchi uchun, solih, deb bildi”, — deya yozilgan so‘z amalga oshdi. Ibrohim Xudoning do‘sti deb ataldi. Ey birodarlarim, ko‘rdingizmi, inson quruq imoni uchun emas, balki qilgan ishlari uchun solih deb tan olinadi. Fohisha Rahoba ham buning yana bir misolidir. Nima uchun Xudo uni solih deb tan oldi? Rahoba Isroil xalqining ayg‘oqchilarini uyiga kirgizib, bexatar yo‘l bilan qochib ketishlariga yordam bergani uchun Xudo uni solih deb bildi. Xullas, amalsiz imon jonsiz tanaday o‘likdir. Ey birodarlarim, hammangiz ham ustoz bo‘lavermanglar! Biz, ustozlar, jiddiyroq hukmga duchor bo‘lishimiz o‘zingizga ma’lum. Odamlarning hammasi ko‘p xato qiladi. So‘zlayotganda xato qilmagan inson yetukdir. U butun vujudini jilovlay oldi. Biz otlarni bo‘ysundirish uchun og‘izlariga suvluq solamiz. Shu orqali ularning butun tanasini boshqaramiz. Mana, kemalar ham, qancha ulkan bo‘lmasin va kuchli shamollar yordamida yurmasin, kichkina bir rul bilan boshqariladi. Kemachi rul yordamida kemani istagan joyga yo‘naltiradi. Til ham xuddi shundaydir, til badanning kichkina bir uzvidir, ammo katta muammolarni keltirib chiqaradi. Qara, kichkina bir olov bepoyon o‘rmonni yondirib yuboradi! Til ham olovga o‘xshaydi. Til — uzvlarimiz orasida bir buzg‘unchi dunyo! U butun vujudimizni bulg‘aydi. U jahannamdan alangalanib, butun hayotimizni yondiradi. Turli xil yovvoyi hayvonlar bilan qushlar, sudraluvchi va dengiz hayvonlari inson zoti tomonidan boshqarilgan va boshqarilmoqda. Ammo tilni hech bir inson boshqara olmaydi. Tinib–tinchimas bu yovuz tilning zahri qotildir. Biz tilimiz bilan samoviy Otamiz bo‘lgan Egamizni olqishlaymiz va tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarni la’natlaymiz. Olqish va la’nat bir og‘izdan chiqadi. Ey birodarlarim, bunday bo‘lmasligi kerak! Axir, bitta buloqdan ham shirin, ham achchiq suv oqib chiqmaydi–ku! Ey birodarlarim, anjir daraxti zaytun mevasini beradimi?! Yoki tok novdasi anjir tugadimi?! Yo‘q! Sho‘r buloqdan ham shirin suv oqib chiqmaydi! Dono va farosatlimisiz? Buni ibratli hayotingiz orqali namoyon qiling. Har bir ishni kamtarlik va donolik bilan bajaring. Bordi–yu, yuragingizda achchiq hasad va xudbinlik bo‘lsa, donoman, deb maqtanmang. O‘zingizni shunday tutayotgan bo‘lsangiz, haqiqatni rad etgan bo‘lasiz. Dunyoga va moddiyatga xos bo‘lgan bunday “donolik” Xudodan emas, shaytondandir. Chunki hasadgo‘ylik va xudbinlik bor joyda janjal va yovuzlik hukm suradi. Xudodan kelgan donolik esa, avvalo pokdir. Shuningdek, bu asl donolik tinchliksevar, muloyim, haqiqatga bo‘ysunadigan, mehr–shafqatli, xayrli ishlarga boy, tarafkashlik qilmaydigan, o‘ta samimiydir. Tinchlik o‘rnatuvchilar tinchlikni ekib, solihlikni o‘rib oladilar. Orangizdagi urush va janjallar qayerdan kelib chiqadi? Ichingizda jang qilayotgan nafsu ehtiroslaringizdan emasmi?! Sizlar o‘zingizda yo‘q narsani xohlaysizlar, o‘shanga erishish uchun odam o‘ldirishdan ham toymaysizlar. Hasad qilyapsizlar, ammo maqsadingizga erisha olmagach, janjallashib urushyapsizlar. Sizlarda xohlagan narsangiz yo‘q, chunki uni Xudodan so‘ramaysizlar. So‘ragan taqdirda ham, olmayapsizlar, chunki yomon niyat bilan, nafsingizni qondirish uchun so‘rayapsizlar. Ey sadoqatsiz bandalar! Dunyo bilan do‘stlik Xudoga dushmanlik ekanligini nahotki bilmasangizlar?! Kim dunyo bilan do‘st bo‘lishni istasa, Xudoga dushman bo‘ladi. Muqaddas Bitiklarda: “Xudo ichimizga solgan ruhni g‘oyatda qizg‘anadi, U bizdan sadoqatni talab qiladi”, deb ta’lim beriladi–ku! Nima, sizlar bularni bekor deb o‘ylaysizlarmi?! To‘g‘ri, Xudo bizdan sadoqatni talab qiladi, ammo shu bilan birga U bizga nisbatan nihoyatda inoyatlidir. Zero, Muqaddas Bitiklarda yozilgan: “Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, Kamtarga esa inoyat qiladi.” Shunday ekan, Xudoga bo‘ysuninglar! Iblisga qarshilik ko‘rsatinglar, shunda u sizlardan qochadi. Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi. Ey gunohkorlar, qo‘llaringizni gunohdan tozalanglar! Bir vaqtning o‘zida ham Xudoga, ham dunyoga ko‘ngil bog‘laganlar, qalbingizni poklanglar! Qilgan gunohingiz uchun qayg‘uringlar, motam tutinglar, yig‘langlar! Kulgingiz motamga, shodligingiz g‘am–g‘ussaga aylansin. Egamiz oldida o‘zingizni past tutinglar, shunda U sizlarni yuksaltiradi. Ey birodarlarim, bir–biringizni yomonlamanglar. Agar birodaringizni yomonlab, hukm qilsangiz, demak, mehr–oqibatni o‘rgatadigan Xudoning qonunini yomonlab, hukm qilgan bo‘lasizlar. Xudoning qonunini hukm qilgan odam esa, qonun bajarishdan bosh tortib, o‘zini qonundan ustun qo‘ygan qoziday bo‘ladi. Ammo faqatgina Xudo qonun chiqarib, hukm qila oladi. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega. Sen esa kim bo‘libsanki, birodaringni hukm qilasan?! Hoy, qilmoqchi bo‘lgan ishlari bilan maqtanadiganlar, menga quloq solinglar! Sizlar: “Bugun yoki ertaga falon shaharga borib, u yerda bir yil yashaymiz. Savdo–sotiq qilib, pul ishlab kelamiz”, — deysizlar. Ertaga nima bo‘lishini sizlar qayerdan bilasizlar?! Umringiz bir lahza ko‘zga ko‘rinib, keyin g‘oyib bo‘ladigan tutunga o‘xshaydi–ku! Buning o‘rniga sizlar: “Egamiz xohlasa, sog‘–salomat bo‘lsak, uni yoki buni qilamiz”, — deb aytishingiz kerak. Sizlar esa aksini qilib, mag‘rurlanib, maqtanyapsizlar. Bu kabi maqtanish yomondir. Demak, qilishingiz kerak bo‘lgan yaxshi ishni bila turib, qilmasangiz gunoh bo‘ladi. Menga qaranglar, ey boylar, boshingizga tushadigan falokatlar uchun ho‘ngrab yig‘langlar! Boyligingiz chirib ketgan, kiyimingizni kuya yegan. Oltinu kumushlaringizni zang bosgan. Bu zang sizga qarshi guvoh bo‘ladi, u tufayli tanangiz Xudoning qahri olovida yonadi. Oxir zamon kelib qoldi, sizlar esa boylik to‘plash bilan ovorasizlar. Sizlar ekinlaringizni o‘rgan o‘roqchilarni aldab, ish haqini bermadingizlar. Ana, o‘sha pullar sizlardan norozi bo‘lib, nola qilmoqda! O‘roqchilarning dod–fig‘oni Sarvari Olamning qulog‘iga yetib bordi. [5-6] Sizlar qarshilik ko‘rsata olmagan aybsiz odamlarni qoralab, qatl qildingizlar. Bu dunyoda huzur–halovatda, maishatga berilib yashadingizlar. Bo‘rdoqilarday semirib ketdingiz! Mana, endi hukm kunida so‘yilishga tayyor bo‘lib qoldingiz! *** Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso keladigan kunga qadar sabr–toqat qilinglar! Axir, dehqon ham dalasi mo‘l hosil yetishtirishini kutadi. U kuzgi va bahorgi yomg‘irni poylab, qancha sabr–toqat qiladi! Sizlar ham sabr qilinglar. Dadil bo‘linglar, chunki Rabbimizning keladigan kuni yaqinlashib qoldi. Birodarlarim, mahkum bo‘lmasligingiz uchun bir–biringizdan shikoyat qilmanglar. Mana, hukm qiluvchi Rabbimiz Iso ostonada turibdi! Ey birodarlarim, payg‘ambarlardan o‘rnak olinglar! Ular Egamizning nomidan gapirib, azob–uqubatlarga dosh berganlar. Darhaqiqat, sabr qilgan bunday odamlarni biz baxtli deb hisoblaymiz. Ayubning sabr–toqati haqida eshitgansizlar, oxirida Egamiz unga qanchalar baraka berganini bilasizlar. Ha, Egamiz rahmdil va mehr–shafqatlidir. Ey birodarlarim, eng avvalo, qasamxo‘r bo‘lmanglar! Lafzi yo‘q inson kabi, bo‘lar–bo‘lmasga osmon haqi, yer haqi va boshqa narsa haqi, deb qasam ichavermanglar. Javobingiz “ha” yoki “yo‘q” bo‘lsin. Shunda Xudo sizlarni hukm qilmaydi. Orangizda azob–uqubat chekayotgan bironta odam bormi? Agar bo‘lsa, ibodat qilsin. Xursand bo‘lgani bormi? Xudoga hamdu sanolar kuylasin. Orangizda kasal bo‘lgan bormi? Jamoat oqsoqollarini chaqirtirsin. Ular ibodat qilib, Rabbimiz Iso nomi bilan bemorning boshiga zaytun moyini surtsinlar. Imon bilan qilingan ibodat bemorni sog‘aytiradi, Rabbimizning O‘zi unga shifo beradi. Agar bemor gunoh qilgan bo‘lsa, Rabbimiz uni kechiradi. Shuning uchun qilgan gunohlaringizni bir–biringiz oldida tan olinglar, bir–biringiz uchun ibodat qilinglar, shifo topasizlar. Solih odamning iltijosi kuchli ta’sirga egadir! Ilyos ham bizga o‘xshagan oddiy bir inson edi. Yomg‘ir yog‘masin, deb u astoydil iltijo qildi va yer yuziga uch yilu olti oy yomg‘ir yog‘madi. So‘ng u yomg‘ir yog‘sin, deb ibodat qildi, osmondan yomg‘ir yog‘ib, yer hosil berdi. Ey birodarlarim, agar orangizdagi birorta kishi haq yo‘ldan ozgan bo‘lsa, uni to‘g‘ri yo‘lga soling. Esingizda bo‘lsin, gunohkorni nohaq yo‘ldan qaytargan odam o‘sha gunohkorning najot topishiga va behisob gunohlarining yuvilishiga sababchi bo‘ladi. Iso Masihning havoriysi men — Butrusdan Xudoning tanlangan xalqiga salom! Ey Xudoning aziz xalqi, sizlar bu dunyoda musofir bo‘lib yashayapsizlar, Pontus, Galatiya, Kappadokiya, Asiya va Bitiniya viloyatlariga tarqalib ketgansizlar, ammo Otamiz Xudo azalda qaror qilib, sizlarni tanladi. Sizlar Iso Masihga itoat etishingiz va Uning to‘kilgan qoni orqali poklanishingiz uchun Xudo qudratli Ruhi bilan sizlarni O‘ziga ajratib oldi. Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi sizlarga yor bo‘lsin. Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! U bizga behad rahm–shafqat ko‘rsatib, yangi hayot berdi. Iso Masih o‘likdan tirilib, barhayot bo‘lgani uchun endi bizning umidimiz bor. Shu bois biz Xudo O‘z xalqiga atagan qut–barakaga ko‘z tikkanmiz. Ha, samoda saqlanayotgan bu abadiy, so‘lmas, beg‘ubor baraka sizlarni kutmoqda. Oxirzamonda oshkora bo‘ladigan najotdan bahramand bo‘lishingiz uchun, Xudo O‘z qudrati bilan sizlarni omon saqlaydi. Imoningiz tufayli U sizlarni qo‘riqlaydi. Shuning uchun xursand bo‘linglar! Hozir turli sinovlar tufayli qisqa vaqt qiynalayotgan bo‘lsangiz ham, quvoninglar. Chunki sinovlar imoningizning samimiy ekanligini isbotlash uchun kerakdir. Hatto yo‘q bo‘lib ketadigan oltin ham olovda toblanib, sinaladi. Sizning imoningiz esa oltindan ming barobar qadrliroqdir. Sinovdan o‘tgan imoningiz Iso Masih oxiratda kelganda sizlarga maqtov va shon–sharaf keltiradi. Sizlar Masihni ko‘rmagan bo‘lsangiz ham, Uni yaxshi ko‘rasizlar. Hozir ham Masihni ko‘rmay turib, Unga ishonyapsizlar, qalbingiz so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan ajoyib bir quvonchga to‘la. Axir, imoningiz tufayli jonlaringiz najot topadi. Payg‘ambarlar izlanib, bu najotni chuqur o‘rganganlar. Sizlarga beriladigan Xudoning inoyati haqida karomat qilganlar. Ularning qalblarida Masihning Ruhi bor edi. Bu Ruh ularga Masihning chekadigan azob–uqubatlari va azoblar ketidan keladigan ulug‘vorligi haqida oldindan ma’lum qilgan edi. Bu voqealar qachon va qay tarzda yuz berishini payg‘ambarlar bilmoqchi bo‘lar edilar. Aslida ularning bu izlanishlari o‘z manfaati uchun emas, balki sizlarning manfaatingiz uchun qilinganini Xudo ularga ayon etdi. Payg‘ambarlar e’lon qilgan najot haqidagi Xushxabar sizning davringizda amalga oshdi. Bu Xushxabarni sizlarga osmondan yuborilgan Muqaddas Ruhning qudratiga to‘lgan odamlar bayon etishdi. Hatto farishtalar ham bu najotning qay tarzda amalga oshishini intizorlik bilan kutayotgan edilar. Shuning uchun es–hushingizni yig‘ib olinglar, hushyor bo‘linglar. Butun umidingizni Xudoning inoyatiga bog‘langlar. Axir, Iso Masih oxiratda kelganda Xudo sizlarga inoyat ko‘rsatib, najot beradi. Xudoga itoatkor farzandlar bo‘linglar, oldingi g‘aflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qul bo‘lib qolmanglar. Aksincha, butun yurish–turishingizda muqaddas bo‘linglar, zero, sizlarni da’vat etgan Xudo muqaddasdir. Axir, Xudoning O‘zi: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman”, deb aytgan. Sizlar Xudoga iltijo qilib, Uni Ota deb ataysizlar. Ammo esingizda tutinglar, Xudo yuz–xotirchilik qilmaydi, U har bir kishini qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi yoki jazolaydi. Shunday ekan, bu dunyodagi musofirchilik davringizda Xudodan qo‘rqib yashanglar. [18-19] Zotan, sizlar ota–bobolaringizdan o‘rgangan bema’ni turmush tarzingizdan kumush yoki oltinga o‘xshash o‘tkinchi narsalar evaziga emas, balki Masihning qimmatbaho qoni evaziga qutulgansizlar. Masih Xudoning benuqson qurbonlik Qo‘zisidir. *** Xudo Masihni dunyo yaratilishidan oldin bu xizmat uchun tayinladi. Endi bu oxirgi kunlarda esa Uni sizlar uchun zohir qildi. Sizlar Masih orqali Xudoga ishonasizlar. Xudo Masihni tiriltirib, ulug‘vorlikka erishtirgani uchun ham sizlar imoningizda sobit turibsiz, chin qalbdan Xudoga umid bog‘lagansiz. Sizlar haqiqatga bo‘ysunib, gunohdan poklanganingiz uchun birodarlarga samimiy mehr qo‘ya olasizlar. Shunday ekan, bir–biringizni chin yurakdan, ixlos qo‘yb yaxshi ko‘ringlar. Axir, sizlar yangidan tug‘ilgansizlar. Bu yangi hayotni sizga foniy bandalar emas, balki abadiy va hayotbaxsh Xudoning kalomi ato etgan. Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Inson zotining hammasi maysaday, Ularning shuhrati dala guli kabidir. O‘tlar quriydi, gullar so‘lib qoladi. Egamizning kalomi esa abadiy turadi.” Ana shu kalom sizlarga e’lon qilingan Xushxabardir. Endi har qanday yomon niyat, hiyla–nayrang, ikkiyuzlamachilik, rashk–hasad va g‘iybatni o‘zingizdan soqit qilinglar. Yangi tug‘ilgan chaqaloq sof ona sutini tusaganday, sizlar ham Xudo kalomiga tashna bo‘linglar. Kalom bilan oziqlanib, ulg‘ayib, najotga erishinglar. Axir, sizlar Rabbimiz Isoning muruvvatidan bahramand bo‘ldingizlar. Insonlar rad etgan, lekin Xudo qimmatbaho deb tanlagan tirik Tosh — Rabbimiz Isoga yaqinlashinglar. Shunda o‘zlaringiz ham tirik toshlarday bo‘lasizlar. Xudo sizlardan ruhiy ma’bad barpo etadi. Sizlar muqaddas ruhoniylar bo‘lib xizmat qilasizlar va Iso Masih orqali Xudoga maqbul ruhiy qurbonliklar keltirasizlar. Zero, Muqaddas Bitiklarda Xudo shunday degan: “Mana, Men joylashtiryapman Quddusda, Tanlangan, qimmatbaho tamal Toshini. Unga ishonganlar aslo uyatga qolmas.” Siz — Masihga ishonganlar uchun bu Tosh qimmatbahodir. Ammo ishonmaganlarga Muqaddas Bitiklardagi shu so‘zlar to‘g‘ri keladi: “Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi. Ba’zilar bu toshga qoqinadi, Uning dastidan yiqiladi.” Imonsizlar Xushxabarga quloq solmaganlari uchun, qoqinadilar. Ular ana shu qismatga mahkum bo‘lganlar. Ammo sizlar — Shohanshoh ruhoniylari, tanlangan bir nasl, muqaddas qavm, Xudoning aziz xalqisiz. Xudo sizlarni zulmatdan O‘zining ajoyib nuriga da’vat etgan, Uning buyuk ishlarini e’lon qilishingiz uchun sizlarni tanlagan. Sizlar bir vaqtlar Xudoga begona edingizlar, endi esa Uning xalqisizlar. Bir vaqtlar Xudoning marhamatidan bebahra edingizlar, endi esa Undan marhamat topdingizlar. Ey azizlarim, sizlardan o‘tinib so‘rayman, jonga qarshi kurashadigan nafs ehtiroslaridan saqlaninglar. Axir, sizlar bu dunyoda g‘aribu musofirsizlar. Imonsizlar orasida Xudoga munosib hayot kechiringlar. Ular sizlarni yomonlikda ayblasalar–da, ezgu ishlaringizni ko‘rib, kim bilsin, balki tavba qilishar va qiyomat kuni Xudoni ulug‘lashar. Insonlar tomonidan o‘rnatilgan har qanday hokimiyatga, Egamiz haqi–hurmati, bo‘ysuninglar. Oliy hokim bo‘lgan shohga ham, u tayinlagan hokimlarga ham itoat qilinglar. Zero, hokimlar yomonlik qilganlarni jazolash uchun, yaxshilik qilganlarni esa taqdirlash uchun tayinlangan. Siz haqiqatni bilmagan nodon odamlarning og‘izlarini qilgan yaxshiligingiz orqali yopinglar, chunki bu Xudoning xohishidir. Ozod odamlardek yashanglar, ammo ozodlik niqobi ostida yomonlik qilmanglar. Xudoning qullariday hayot kechiringlar. Hamma odamlarni hurmat qilinglar. Imonli birodarlaringizni yaxshi ko‘ringlar. Xudodan qo‘rqinglar, davlat rahbariga izzat–ehtirom ko‘rsatinglar. Ey qullar, Xudodan qo‘rqqaningiz uchun xo‘jayinlarga itoat qilinglar. Nafaqat mehribon va muloyim xo‘jayinlarga, balki qattiqqo‘llariga ham bo‘ysuninglar. Agar sizlar Xudoni mamnun qilmoqchi bo‘lib, to‘g‘ri ish qilsangiz–u, nohaq azoblarga chidasangiz, Xudoni rozi qilgan bo‘lasiz. Bordi–yu qilgan gunohingiz uchun tayoq yeb chidasangiz, bu sizga sharaf keltirarmidi?! Ammo yaxshilik qilib turib, nohaq azoblarga chidasangiz, Xudoning maqtoviga sazovor bo‘lasiz. Hatto azob chekkaningizda ham Xudo sizlarni yaxshilik qilishga da’vat etgan. Masih sizlar uchun azob chekib, namuna bo‘ldi. Unga taqlid qilinglar. Axir, U hech qanday gunoh qilmagan, og‘zidan biron yolg‘on so‘z chiqmagan. U haqorat qilinganda hech kimga haqorat bilan javob qaytarmadi, azob chekkanda hech kimga tahdid qilmadi. Faqat odilona hukm qiladigan Xudoga O‘zini topshirdi. U gunohlarimizni O‘ziga oldi, a’zoi badani xochda azob chekdi. Shu tufayli biz gunoh uchun o‘lganmiz va solih hayot kechira olamiz. Uning yaralaridan biz shifo topdik. Ilgari sizlar adashib yurgan cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshar edingizlar, endi esa jonlaringizning Posboni bo‘lgan Cho‘ponga qaytib keldingizlar. [1-2] Egamiz haqi–hurmati, siz, xotinlar, o‘z erlaringizga bo‘ysuninglar. Erlaringiz Xushxabarni rad etishsa ham, ularga itoat etinglar. Sizning ibratli xulq–atvoringiz har qanday so‘zdan ko‘ra ta’sirliroq bo‘ladi. Erlaringiz pokiza hayotingizni va Xudodan qo‘rqib yashayotganingizni ko‘rib, imonga kelishadi. *** Sizning jozibangiz o‘rilgan sochlar, oltin taqinchoqlar, chiroyli kiyimlar kabi tashqi zeb–ziynatdan iborat bo‘lmasin. Ammo qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so‘lmaydigan ichki go‘zalligingiz bo‘lsin. Xudoning nazarida bunday go‘zallikning qadri yuksakdir. O‘tmishda Xudoga umid bog‘lagan muqaddas xotinlar ham o‘zlari shu yo‘sinda bezanib, erlariga bo‘ysunar edilar. Masalan, Sora ham Ibrohimga itoat etib, uni xo‘jayin deb atar edi. Agar sizlar yaxshilik qilib, har qanday qo‘rquvdan sarosimaga tushmasangiz, Soraning qizlari hisoblanasizlar. Ey erlar, sizlar ham, Egamiz haqi–hurmati, xotinlaringizga e’tiborli bo‘linglar, ular zaif jinsdan ekanligini hisobga olinglar. Ular ham abadiy hayot inoyatidan bahramand bo‘lganlari uchun, ularni hurmat qilinglar. Aks holda ibodatlaringiz ijobat bo‘lmaydi. Xullas, o‘zaro hamfikr, hamdard bo‘linglar, bir–biringizni birodarlarcha yaxshi ko‘ringlar, mehr–shafqatli va kamtar bo‘linglar. Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmanglar, aksincha, hammani duo qilinglar. Zero, Xudo sizlarni shunga da’vat etgan. Bularga rioya qilsangiz, baraka topasizlar. Axir, Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Kimki hayotdan zavqlanishni, Baxtli umr ko‘rishni istasa, U tilini yomon so‘zdan tiysin, Og‘zini yolg‘on gapdan asrasin. Yomonlikdan qaytib, yaxshilik qilsin. Tinchlik istab, tinchlik payida bo‘lsin. Chunki Egamiz solihlarni kuzatib turadi, Ularning iltijosini Egamiz eshitadi. Badkirdorlardan esa yuz o‘giradi.” Agar yaxshilik qilishga bel bog‘lasangiz, kim ham sizlarga ozor bera olardi?! Hatto to‘g‘ri ish uchun azob chekayotgan bo‘lsangiz ham, baxtiyorsizlar! Do‘q–po‘pisa qiluvchilardan qo‘rqmanglar, hayajonga tushmanglar. Qo‘rquvga tobe bo‘lmay, butun qalbingiz bilan Rabbimiz Iso Masihning hokimiyatiga bo‘ysuninglar. Masihga bo‘lgan umidingiz haqida sizdan so‘ragan har bir kishiga javob berishga doimo tayyor turinglar. Lekin buni muloyimlik va hurmat bilan bajo qilinglar. Vijdoningiz toza bo‘lsin, toki Masih yo‘lidagi ibratli hayotingizni yomonlaganlar o‘z gaplaridan uyalib qolsinlar. Agar yaxshilik qilib azob chekishingizni Xudo lozim ko‘rsa, har holda yomonlik qilib azob chekishdan bu afzalroqdir. Masih bizni gunohlarimizdan to abad forig‘ qilish uchun azob chekkanini yodingizda tutinglar. U solih bo‘la turib, biz, gunohkorlarni Xudoga yaqinlashtirish uchun jonini fido qildi. Uni jisman o‘ldirishdi, ammo U yangi, ulug‘vor hayot uchun tirildi. So‘ng zindonga qamalgan yovuz ruhlar oldiga borib, ular ustidan g‘alaba qilganini e’lon etdi. Qadim zamonda bu ruhlar Xudoga itoatsizlik qilib, insoniyatni yo‘ldan ozdirgandi. Ammo Xudo sabr qildi. Nuh payg‘ambar o‘z kemasini qurib bo‘lmaguncha Xudo insoniyatni hukm qilmay, kutib turdi. O‘sha kemaga faqat sakkiztagina odam kirib, to‘fon suvlaridan omon qolgandi. Nuh va uning oilasi bilan ro‘y bergan bu hodisa biz uchun timsol hisoblanadi. Bu timsol bizning imonga kelishimizni va suvga cho‘mdirilishimizni bildiradi. Cho‘mdirilish marosimi badanni kirdan tozalash emas, balki Xudoga: “Senga sodiq qolaman”, deb chin yurakdan va’da berish demakdir. Darhaqiqat, sizlar suvga cho‘mdirilganingizda, Iso Masihning tirilishi tufayli najot topdingizlar. Masih osmonga chiqib, Xudoning o‘ng tomonida o‘tiribdi. Koinotdagi har bir farishta, kuchlaru hukmronlar Masihga tobedir. Masih bu dunyoda azob chekkani kabi, sizlar ham azob chekishga tayyor turinglar. Zotan, azob chekishga rozi bo‘lgan kishi gunohdan yuz o‘girgan bo‘ladi. Bunday odam qolgan umrini nafsini qondirishga emas, Xudoning irodasini bajarishga bag‘ishlaydi. Sizlar o‘tmishda xudosizlarday yashaganingiz yetar. O‘sha vaqtlarda axloqsizlik, shahvatparastlik, sarxushlik, aysh–ishrat, kayf–safo, butparastlik razolati bilan kun kechirardingizlar. Endi esa atrofdagilar sizlarni ko‘rib, hayron bo‘lyaptilar. Ularning yaramas qilmishlariga qo‘shilmaganingiz uchun sizlarni haqorat etyaptilar. Ammo ular o‘z qilmishlari uchun Xudoga javob beradilar. Xudo tirigu o‘liklarni hukm etishga tayyor turibdi. Xushxabar nima sababdan e’lon qilinganini esingizda tutinglar. To‘g‘ri, Xushxabarni eshitgan ko‘p odamlar olamdan ko‘z yumdi, chunki o‘lim bu dunyoga gunoh natijasida kirib keldi. Ular ham, boshqa insonlar kabi, jisman o‘limga mubtalo bo‘lishdi. Biroq bir kun kelib, Xudo ularga ulug‘vor, yangi hayot ato qiladi. Oxirzamon yaqinlashib qoldi. Aqlingizni bir joyga qo‘yib, doim hushyorlik bilan ibodat qilinglar. Avvalambor, bir–biringizni chin yurakdan yaxshi ko‘ringlar. Chunki sevgi ko‘p gunohlarni yuvadi. Nolimay, ochiq chehra bilan bir–biringizni mehmon qilinglar. Xudo sizlarga bergan in’omlar bilan bir–biringizga xizmat qilinglar. Xudoning bu boy ehsonlaridan oqilona foydalaninglar. Va’zxonmisiz? Shunday va’z qilingki, go‘yo siz orqali Xudoning O‘zi gapirganday bo‘lsin. Xizmatchimisiz? Xudoning bergan kuchiga muvofiq xizmat qiling. Toki Iso Masih orqali Xudo har bir ishingizda va har bir so‘zingizda ulug‘lansin. Qudratli Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin. Omin. Ey azizlarim, xuddi g‘ayritabiiy hodisa yuz berganday, boshingizga tushgan og‘ir sinovlardan hayron bo‘lmanglar. Aksincha, Masihning azoblariga sherik bo‘lganingizdan xursand bo‘linglar! Shunday qilsangiz, U oxiratda ulug‘vorlikka burkanib kelganda, qalbingiz yanada ko‘proq quvonchga to‘ladi. Agar sizlarni Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun haqorat qilishsa, baxtlisizlar! Axir, Xudoning Ruhi sizlarga madad beradi. U sizlarni Xudoning ulug‘vorligidan bahramand qiladi. Orangizda hech kim qotil, o‘g‘ri, badkirdor yoki janjalkash odam sifatida azob chekmasin. Ammo masihiy bo‘lganingiz uchun azob cheksangiz, bundan uyalmang, aksincha, sizlarni bunday nomga sazovor qilgan Xudoni ulug‘lang. Xudo dunyoni hukm qiladigan vaqt keldi. U hukmini O‘z xonadonidan boshlaydi. Agar biz birinchi navbatda hukm qilinadigan bo‘lsak, unda Xushxabarga itoat qilmaganlarning oxirati nima bo‘ladi? Agar solih odam zo‘rg‘a qutulsa, betavfiqu gunohkorning holi ne kechadi? Shunday ekan, Xudoning irodasiga ko‘ra azob chekayotgan bo‘lsangiz yaxshilik qilishda davom etinglar, o‘zingizni sodiq Yaratuvchiga topshiringlar. Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga o‘xshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va zohir bo‘ladigan ulug‘vorligining ishtirokchisi sifatida sizlardan o‘tinaman: Xudoning nazoratingizdagi suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majbur bo‘lganingiz uchun emas, balki chin ko‘ngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar. Qo‘lingiz ostidagi suruvga o‘z hukmingizni o‘tkazmay, ularga o‘rnak bo‘linglar. Ana shunda, Bosh Cho‘ponimiz — Masih zohir bo‘lganda, sizlarga so‘lmas, ulug‘vorlik toji beriladi. Ey yoshlar, oqsoqollarga itoat etinglar. Hammangiz yoshmisiz, qarimisiz, o‘zingizni kamtar tutib, bir–biringizga xizmat qilinglar. Zero, Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat qiladi. Shunday ekan, Xudoning qudratli qo‘li ostida o‘zingizni kamtar tutinglar. U O‘z vaqtida sizlarni yuksaltiradi. Barcha tashvishingizni Xudoga topshiringlar, chunki U hamisha sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi. Hushyor va bedor bo‘linglar! Dushmaningiz bo‘lgan iblis sherday bo‘kirib, birovni yutib yuborish uchun izg‘ib yuribdi. Iblisga mustahkam imon bilan qarshi turinglar. Shuni bilinglarki, butun dunyodagi imonli birodarlaringiz sizlar kabi azoblarga duchor bo‘lmoqdalar. Garchi sizlar bu qisqa hayotda azob chekib yashasangizlar ham, Xudoning O‘zi sizlarga madad berib, barchangizni barkamol, sabotli, kuch–qudratli va mustahkam qiladi. Axir, inoyatga boy Xudo Iso Masih orqali sizlarni O‘zining abadiy ulug‘vorligiga sherik qilish uchun da’vat etgan. Qudratli Xudoga abadulabad hamdlar bo‘lsin. Omin. Men bu qisqa maktubimni Silasning yordami bilan yozdim. Uni ishonchli birodar deb bilaman. Maktubimda sizlarga nasihat qilib, Xudoning haqiqiy inoyati haqida yozdim. Imonda sobit qolishingiz uchun Uning bu inoyatiga tayaninglar. Sizlar kabi tanlangan Bobildagi imonlilar jamoati va menga o‘g‘ilday bo‘lib qolgan Mark sizlarga salom yo‘llamoqdalar. Bir–biringizga mehr–muhabbat ko‘rsatib, o‘pishib ko‘rishinglar. Masihga tegishli bo‘lgan hammalaringiz tinch–omon bo‘linglar. Iso Masihning quli va havoriysi men, Shimo‘n Butrusdan, biz kabi qadrli bir imonga ega bo‘lgan birodarlarga salom! Xudoyimiz va Najotkorimiz Iso Masih odil bo‘lgani uchun hammamizga birday baraka bergan. Sizlar Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib–bilar ekansiz, Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi doim sizlarga yor bo‘lsin. Rabbimiz Iso O‘z ulug‘vorligi va ezguligi ila bizni da’vat etib, O‘zini bizga tanitdi. Endi biz Xudoga munosib hayot kechira olamiz, chunki Rabbimiz ilohiy qudrati bilan bizga zarur bo‘lgan barcha fazilatlarni ato etdi. Masihning sharofati bilan biz Xudo va’da qilgan barakalarni oldik. Endi sizlar buzg‘unchi ehtiroslar dastidan avj olgan bu dunyoning axloqsizligidan qochib, Xudoning ilohiy tabiatidan bahramand bo‘la olasizlar. Bularni yodingizda tutib, Xudoga munosib hayot kechirish uchun jon kuydiringlar. Imoningizni fazl–kamolot, ilmu ma’rifat, vazminlik, sabr–toqat, diyonat, birodarlaringizga bo‘lgan mehr–oqibat va tugal muhabbat bilan boyitinglar. Agar bu xislatlarga ega bo‘lib, ularni kamol toptirayotgan bo‘lsangiz, demak, Rabbimiz Iso Masihni haqiqatdan tanib bilgan bo‘lasiz. Kunlaringiz behuda o‘tmagan bo‘ladi, Masihni bilganingiz hayotingizda o‘z samarasini beradi. Bu xislatlarga ega bo‘lmaganlar esa kaltabin va ko‘rdirlar, ular avvalgi gunohlaridan poklanganini unutganlar. Shunday ekan, ey birodarlarim, Masih sizlarni tanlaganini va da’vat etganini tasdiqlashga astoydil harakat qilinglar. Aytilgan xislatlarga ega bo‘lsangiz, imondan qaytib ketmaysizlar. Shunda Rabbimiz va Najotkorimiz Iso Masihning O‘zi abadiy Shohligi eshiklarini sizlarga keng ochib beradi. Sizlar aytganlarimning hammasini bilasizlar, o‘zlaringiz Masih haqida o‘rgangan haqiqatda sobit turibsizlar. Shunga qaramay, bularni sizlarga doimo eslatib turishni xohlayman. Tirik ekanman, bularni yodingizga solishni kanda qilmayman. Bu men uchun farz, chunki hademay bu olamdan ko‘z yumishimni bilaman. Rabbimiz Iso Masihning O‘zi buni menga ma’lum qilgan. Bu dunyodan o‘tib ketganimdan keyin ham sizlar aytganlarimni esda saqlanglar, deb men bu mavzuni qo‘limdan kelgancha batafsil yoritib berishga harakat qildim. Rabbimiz Iso Masihning kuch–qudrat bilan kelishi afsona emas. Biz sizlarga o‘rgatgan bu ta’limotni o‘zimiz to‘qib chiqarmadik. Axir, Masihning ulug‘vorligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan edik. [17-18] Otamiz Xudo muqaddas tog‘da Masihni shon–sharaf ila yuksaltirganda biz o‘sha yerda edik. Dabdabali va ulug‘vor Xudoning samodan: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan mamnunman”, — degan ovozini eshitdik. *** Bundan tashqari, biz payg‘ambarlarning bashoratlariga to‘liq ishonamiz. Sizlar ham ularning so‘zlariga diqqat etsangizlar, yaxshi qilgan bo‘lasizlar. Zero, bu so‘zlar Masih keladigan kungacha sizlar uchun go‘yo zulmatda nur sochib turgan chiroqday bo‘ladi. So‘ng Masihning O‘zi keladi. Uning kelishi tong yulduzi kabi bo‘lib, yangi zamonning boshlanishidan darak beradi, Masihning nuri qalblaringizni yoritadi. Eng avvalo shuni bilinglarki, Muqaddas Bitiklardagi bashoratlarning hech biri payg‘ambarlarning shaxsiy talqini emas. Hech bir haqiqiy payg‘ambar o‘zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu payg‘ambarlar Muqaddas Ruh tomonidan boshqarilib, Xudoning so‘zlarini gapirganlar. Isroil xalqi orasida soxta payg‘ambarlar bo‘lgani kabi, sizlarning orangizda ham soxta ustozlar bo‘ladi. Ular nayrang ishlatib, orangizda halokatli bid’atlar tarqatadilar. Hatto jonlarini sotib olgan Xo‘jayinini ham rad etib, bu bilan o‘zlarini kulfatga muqarrar yo‘liqtiradilar. Ko‘p odamlar ularga taqlid qilib, axloqsiz hayot kechiradilar. Ularning dastidan imonsizlar haqiqat yo‘lini yomonlaydilar. Bu tamagir ustozlar to‘qib chiqargan gaplari bilan sizlarni yo‘ldan ozdiradilar, so‘ng pulingizni shilib oladilar. Ammo Xudo bunday odamlarni ancha oldin o‘limga mahkum qilib qo‘ygan. U mudramaydi, ularning halokatini kechiktirmaydi. Xudo hatto gunoh qilgan farishtalarni ham ayamagan. Qiyomat kunigacha ularni tubsiz chuqurlikdagi zulmatga zanjirband qilib qo‘ygan. Xudo qadimgi dunyoni ham ayamay, betavfiqlar ustiga to‘fon keltirdi. U faqat solihlik jarchisi bo‘lgan Nuhni va boshqa yetti kishini omon saqladi. Xudo Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarini halokatga mahkum etdi. Xudosizlarga saboq bo‘lsin deb, bu shaharlarni kuydirib kul qildi. Bebosh odamlarning o‘taketgan axloqsizliklaridan azob chekkan solih Lutni esa qutqardi. O‘sha xalq orasida yashagan bu solih odam har kuni ularning qabih ishlarini ko‘rib, eshitgani uchun ichidan ezilib qiynalar edi. Bu misollar quyidagilarni anglatadi: Egamiz taqvodorlarni kulfatlardan qutqara oladi, betavfiqlarni esa qiyomat kunidagi azoblarga hozirlaydi. Ayniqsa, shahvoniy hirsga berilib, o‘z tanasini bulg‘atuvchi, ilohiy hokimiyatni esa rad qiluvchi odamlarni U jazolaydi. Darvoqe, orangizdagi soxta ustozlar ham ilohiy hokimiyatni rad qilyaptilar, ular surbet va takabburdirlar. Ular samoviy mavjudotlardan qo‘rqmaydilar, ularni nazarga ham ilmaydilar. Farishtalar o‘sha yovuz mavjudotlardan kuchliroq va qudratliroq bo‘lishlariga qaramay, Egamizning huzurida mavjudotlarni haqoratlamaydilar, hukm ham qilmaydilar. Ammo bu soxta ustozlar yovvoyi hayvonlarga o‘xshaydilar, ular faqat tug‘ma his–tuyg‘ulariga berilib yashaydilar. O‘zlari anglab yetmaydigan yovuz mavjudotlarni mensimay yuribdilar. Biroq ular o‘sha mavjudotlar bilan birga halok bo‘ladilar, hayvonlar singari ovlanib, yo‘q qilinadilar. Soxta ustozlarning qilgan nohaqliklari o‘zlarining boshiga yetadi. Axir, ular kuppa–kunduzi aysh–ishrat qilishni xush ko‘radilar, jamoatingiz sha’niga dog‘ tushiradilar. Sizlar taom yeyish uchun birga yig‘ilganingizda, Rabbimiz Isoni xotirlash uchun non sindirganingizda, ular orangizda o‘tirib, kayfu safo qiladilar. Buzuqligi bilan boshqalarni yo‘ldan uradilar. Ko‘zlari doimo shahvat bilan yonadi, gunoh qilib to‘ymaydilar. Ular imonda sust kishilarni ovlab, yo‘ldan ozdiradilar. Bu soxta ustozlar istagan narsasini undirib olishga ustasi farangdirlar. Eh, la’natga uchragurlar! Ular to‘g‘ri yo‘lni tark etdilar, Bavo‘r o‘g‘li Balom yo‘lidan borib, gumroh bo‘ldilar. Balom harom yo‘l bilan pul topishni xush ko‘rgandi. Lekin bu gunohi uchun ta’zirini yedi. Tilsiz eshak tilga kirib, inson ovozi bilan payg‘ambarning ahmoqligiga chek qo‘ydi. Bu soxta ustozlar bamisoli suvsiz quduqdirlar, shamolda tez g‘oyib bo‘ladigan tuman kabidirlar. Ular uchun tim qorong‘i zulmat tayyorlab qo‘yilgan. Chunki ular noto‘g‘ri yo‘ldan zo‘rg‘a qochib qutulgan imonlilarni yana axloqsizlik domiga tortadilar. Dabdabali, ammo tentaksimon gaplari bilan ularni avrab, nafslarini qo‘zg‘atadilar. Ularga: “Erkin bo‘lasizlar”, deya va’da beradilar, holbuki, o‘zlari gunoh qulidirlar. Axir, odam nimadan yengilsa, o‘shaning quli bo‘lur, deb bejiz aytilmagan. Rabbimizu Najotkorimiz bo‘lgan Iso Masihni tanib, dunyoning qabohatlaridan qochib qutulgan odamlar yana eski qiliqlariga qaytib, qabihlikka mag‘lub bo‘lishsa, ularning so‘nggi ahvoli oldingidan ham battar bo‘ladi. Solihlik yo‘lini bilgandan keyin, ularga topshirilgan muqaddas amrlardan yuz o‘girgandan ko‘ra, bu yo‘lni hech bilmagani o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lar edi. Bunday odamlarga mana shu maqol aynan to‘g‘ri keladi: “It o‘z qusug‘iga qaytar, Yuvilgan cho‘chqa esa balchiqqa.” Ey azizlarim, bu mening sizlarga yozayotgan ikkinchi maktubimdir. Ikkala maktubimda ham sizlarda pok fikr uyg‘otishga harakat qilib, o‘rganganlaringizni yodingizga solmoqchi bo‘ldim. Xususan, Muqaddas payg‘ambarlarning o‘tmishda aytgan so‘zlarini, shuningdek, Rabbimiz va Najotkorimiz Isoning amrlarini eslashingizni istadim. Rabbimiz Iso bu amrlarni oldingizga borgan havoriylar orqali bergan. Avvalo shuni bilinglar: oxirgi kunlarda shunday mazaxchilar bo‘ladiki, ular chirkin ehtiroslariga berilib yashaydilar. Sizlarni mazax qilib, shunday deydilar: “Rabbimiz Iso kelaman deb, so‘z bergan edi. Qani U?! Mana, ota –bobolarimiz dunyodan o‘tib ketganlaridan beri, hech narsa o‘zgarmadi. Dunyo bino bo‘lganidan beri, hamma narsa shundayligicha turibdi.” Ular haqiqatni rad etganlari uchun shunday gapiradilar, azalda Xudo yeru osmonni O‘z kalomi orqali yaratganini ular inobatga olmaydilar. O‘shanda Xudo yeru osmonni suvlar orasidan paydo qilgandi. So‘ng esa O‘z kalomi orqali qadimgi dunyoni o‘sha suvlar girdobiga cho‘ktirgandi. Hozirgi yeru osmonni esa Xudo O‘z kalomi bilan qiyomat kunigacha asrab turibdi. Qiyomat kuni U hozirgi dunyoni olovga yem qilib, barcha betavfiqlarni halok etadi. Ey azizlarim, Rabbimiz Isoning nazarida bir kun ming yil va ming yil bir kun kabidir, buni doim inobatga olinglar. Ba’zilar Rabbimiz kelmayapti, bergan va’dasini bajarishga U kechikyapti, deb o‘ylamoqda. Aslida unday emas, U sabr–toqat qilyapti, chunki hech kimning halok bo‘lishini istamay, hammaning tavba qilishini xohlayapti. Aslida, Rabbimiz Iso, o‘g‘ri kelganday, nogahon kelib qoladi. O‘sha kuni osmon guvullab yonib, g‘oyib bo‘ladi, samoviy jismlar olov taftidan kuyib ketadi, shunda yer va unda qilingan har bir ish ochiqdan–ochiq oshkor bo‘lib, hukm etiladi. Qiyomat kuni butun borliq yonib, yo‘q bo‘lib ketar ekan, sizlar Xudoni mamnun qilishga jon kuydiringlar! Muqaddas hayot kechirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar. Xudoning kunini intizorlik bilan kutinglar, uning kelishini tezlashtiringlar! O‘sha kuni osmon yonib, yo‘q bo‘ladi, samoviy jismlar olov taftidan erib ketadi. Shundan so‘ng Xudoning va’dasi amalga oshib, hamma narsa yangilanadi. Ha, biz yangi yeru osmonga, adolat hukm suradigan dunyoga ko‘z tikkanmiz. Ey azizlarim, sizlar yangi dunyoni kutar ekansiz, Xudo nazarida benuqson va beg‘ubor bo‘lishga, U bilan totuv yashashga jon kuydiringlar. Rabbimiz Isoning sabr–toqatini najot uchun imkoniyat deb bilinglar. Aziz birodarimiz Pavlus ham Xudoning bergan donoligi bilan sizlarga muqaddas hayot va Rabbimizning kelishi haqida yozgan. Pavlus barcha maktublarida bular haqida fikr yuritgan. Uning maktublaridagi tushunish qiyin bo‘lgan ba’zi parchalarni uquvsiz va imoni sust kishilar buzib talqin qiladilar. Muqaddas Bitiklarning boshqa joylarini ham buzib o‘rgatadigan bu kishilar o‘z boshiga yetadilar. Ey azizlarim, sizlar bularning hammasini oldindan bilasizlar. Ehtiyot bo‘linglar, bu bebosh odamlarning soxta ta’limotiga ishonib yo‘ldan ozmanglar, qaroringizda sobit bo‘linglar. O‘z hayotingiz bilan Xudoni mamnun etinglar, Rabbimiz va Najotkorimiz Iso Masihni yanada yaqinroq tanib–bilinglar. Hozirdan to abad Unga shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Boshidan ayon bo‘lgan Hayot kalomi haqida biz sizlarga xabar bermoqchimiz. Ko‘rib eshitganlarimizni, ha, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, o‘z qo‘llarimiz bilan paypaslab ko‘rganlarimizni sizlarga ma’lum qilmoqchimiz. Otamiz Xudoning huzurida bo‘lgan Hayot bizga oshkor bo‘ldi! Biz bu abadiy Hayotni ko‘rib, endi U haqda sizlarga shohidlik qilyapmiz. Ko‘rgan–eshitganlarimizni ma’lum qilish orqali sizlar bilan birodar bo‘lib yashamoqchimiz. Zero, o‘zimiz ham Otamiz Xudo va Uning O‘g‘li Iso Masih bilan yashayapmiz. Bularni sizlarga qalbimiz shodlikka to‘lishi uchun yozyapmiz. Biz Iso Masihdan eshitib, sizlarga yetkazayotgan Xushxabarimiz shundan iborat: Xudo — nur, Unda hech qanday zulmat yo‘q. Agar biz Xudo bilan yashayapmiz deb turib, oldingiday zulmatda yashasak, yolg‘on gapirib, haqiqatga xilof ish qilgan bo‘lamiz. Bordi–yu, Xudo singari nurda yashasak, biz birodarlarimiz bilan uyg‘unlikda yashaymiz va Xudo O‘z O‘g‘li Isoning qoni orqali bizni har qanday gunohdan poklaydi. Agar gunohimiz yo‘q desak, o‘zimizni o‘zimiz aldagan bo‘lamiz va bizda haqiqat bo‘lmaydi. Bordi–yu, gunohlarimizni e’tirof etsak, sodiq va adolatli bo‘lgan Xudo gunohlarimizni kechirib, bizni har qanday yomonlikdan forig‘ qiladi. Agar gunoh qilganimiz yo‘q desak, Xudoni yolg‘onchiga chiqargan bo‘lamiz. Demak, Uning kalomi qalbimizdan joy olmagan bo‘ladi. Aziz bolalarim, men sizlarga gunoh qilmanglar deb, shularni yozyapman. Bordi–yu, birortamiz gunoh qilib qo‘ysak, Otamiz Xudoning oldida homiyimiz — Iso Masih bor, U odildir. U bizni gunohlarimizdan poklash uchun qurbon bo‘ldi. Nafaqat bizning, balki butun dunyoning gunohlari uchun qurbon bo‘ldi. Xudoni tanib–bilganimizni shundan bilsak bo‘ladi: Xudoni tanib–bilgan odam Uning amrlariga rioya qiladi. Xudoni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan esa yolg‘onchidir, unda haqiqat yo‘q. Xudoning kalomiga itoat qilgan odamda esa Xudoning sevgisi o‘z mukammal ifodasini topgan. Mana shundan biz Xudo bilan birga ekanimizni bilsak bo‘ladi. Men Xudo bilan birgaman, degan odam Iso Masih yashaganday yashashi kerak. Ey azizlarim, men sizlarga yangi amrni emas, balki boshidan o‘zingizga ma’lum bo‘lgan eski amrni yozyapman. Bu eski amr sizlar eshitgan Xudoning kalomidir. Ammo men yozayotgan bu amrni yangi desam ham bo‘ladi, chunki bu amr Masih va sizlar orqali amal qilmoqda. Haqiqatan ham, zulmat o‘tib, haqiqiy nur hozirdan porlamoqda. Men nurda yashayapman deb turib, o‘z birodaridan nafratlangan odam hali ham zulmatdadir. Birodarini sevgan odam esa nurda yashaydi va hech qanday narsa uning qulashiga sabab bo‘la olmaydi. Ammo birodaridan nafratlangan odam zulmatdadir. U zulmatda yurib, qayerga ketayotganini bilmaydi, chunki zulmat uning ko‘zlarini ko‘r qilgan. Aziz bolalarim, sizlarga yozyapman: Masih tufayli gunohlaringiz kechirildi. Ey otalar, sizlarga yozyapman: sizlar boshidan ayon bo‘lgan Masihni tanib–bildingizlar. Ey yigitlar, sizlarga yozyapman: sizlar yovuz shaytonni yengdingizlar. Ey bolajonlar, sizlarga yozyapman: sizlar Otamiz Xudoni bildingizlar. Otalar, sizlarga yozyapman: sizlar boshidan ayon bo‘lgan Masihni tanib–bildingizlar. Yigitlar, sizlarga yozyapman: sizlar baquvvatsizlar, Xudoning kalomi qalbingizdan joy olgan, sizlar yovuz shaytonni yengdingizlar. Dunyoga va undagi narsalarga ko‘ngil bog‘lamanglar. Dunyoni sevgan odamda Otamiz Xudoning sevgisi bo‘lmaydi. Zero, dunyodagi bor narsa — inson tabiatining xohishlari, nafs va boylik bilan mag‘rurlanish Otadan emas, balki dunyodandir. Dunyo ham, uning nafsi ham o‘tib ketadi. Xudoning irodasini bajargan odam esa abadiy yashaydi. Bolajonlarim, dunyoning so‘nggi damlari keldi! Masihning dushmani kelishini eshitgansizlar. Mana, hozirdan Masihning ko‘p dushmanlari paydo bo‘ldi. Ana shundan biz so‘nggi damlarda yashayotganimizni bilamiz. Aslida, bu odamlar o‘z oramizdan chiqdilar, ammo ular bizga tegishli bo‘lmaganlar. Shuning uchun bizni tark etdilar. Agar bizga qarashli bo‘lganlarida edi, biz bilan qolgan bo‘lar edilar. Ammo chiqib ketganlaridan shunisi ma’lum bo‘ldiki, birontasi ham bizga qarashli emas. Sizlar esa hammangiz haqiqatni bilasizlar, chunki sizlar Iso Masihdan Muqaddas Ruhni qabul qilgansizlar. Men bularni sizlar haqiqatni bilmaganingiz uchun emas, aksincha, bilganingiz uchun yozyapman. Yolg‘onchilar haqiqatga mansub emasligini ham eslatmoqchiman. Isoni Masih emas, deydigan har qanday odam yolg‘onchidir. U Masihning dushmani! U Otani ham, O‘g‘ilni ham rad etadi. O‘g‘ilni rad etgan odamda Ota yo‘q. O‘g‘ilni tan olgan odamda esa, Ota ham bor. Sizlar boshidan eshitgan kalomni qalbingizda saqlanglar. Agar boshidan eshitgan kalomni qalbingizda saqlasangiz, sizlar ham O‘g‘il, ham Ota bilan birga yashaysizlar. Masihning O‘zi buni bizga va’da qilgan. Bu abadiy hayotdir. Bularni sizlarga yo‘ldan ozdirmoqchi bo‘lgan odamlardan ehtiyot bo‘lishingiz uchun yozyapman. Ammo sizlar Iso Masihdan Muqaddas Ruhni qabul qilgansizlar. Muqaddas Ruh ichingizda yashayotgani uchun, sizlarga hech kimning biror narsa o‘rgatishiga ehtiyoj yo‘q. Muqaddas Ruh sizlarga hamma narsani o‘rgatadi, Uning ta’limoti soxta emas, haqiqiydir. U sizlarga o‘rgatganidek, Masih bilan yashashingiz kerak. Ha, aziz bolalarim, bu so‘nggi damlarda Masih bilan yashanglar, toki U olamga kelganda dadil bo‘laylik, Uning oldida uyalib qolmaylik. Biz Masihning odil ekanligini bilamiz. Shuning uchun adolatli ish tutgan har qanday odam Xudoning farzandi ekanligiga amin bo‘lamiz. Qaranglar, Otamiz Xudo bizni farzandlarim deb, qanday buyuk bir sevgini ko‘rsatdi! Haqiqatan ham, biz Uning farzandlarimiz. Dunyo Otamizni hech qachon tan olmagan, shuning uchun bizni ham Xudoning farzandlari, deb tan olmayapti. Ha, azizlarim, hozir biz Xudoning farzandlarimiz. Ammo kelajakda kim bo‘lishimiz bizga hanuz ochilmagan. Faqat shuni bilamizki, o‘sha payt kelganda, biz Xudo singari bo‘lamiz, chunki Xudoning O‘zini ko‘ramiz. Xudoga bunday umid bog‘lagan har bir odam Iso Masih singari pok bo‘lishi uchun o‘zini poklaydi. Gunoh qiluvchi har qanday odam Xudoga qarshi bosh ko‘targan bo‘ladi, chunki gunoh Xudoga qarshi bosh ko‘tarmoq demakdir. Masih esa gunohlarimizni yuvish uchun kelganini bilasizlar. Unda gunoh yo‘qligi o‘zingizga ayon. Masih bilan yashagan har bir odam gunohdan yuz o‘giradi. Gunoh qilib yurgan odam esa, Masihni ko‘rmagan ham, tanimagan ham. Aziz bolalarim, hech kim sizlarni aldamasin. Adolatli ish qiluvchi har qanday odam xuddi Masih singari odildir. Gunoh qiluvchi esa iblis zotidandir. Chunki iblis azaldan gunoh qilib kelyapti. Ammo Xudoning O‘g‘li iblisning ishlarini barbod qilish uchun keldi. Xudoning bolalari gunoh qilmaydi, chunki Xudoning hayotbaxsh kuchi ularning ichidadir. Ular Xudoning bolalari bo‘lganlari uchun gunohda yashamaydilar. Demak, iblis bolalari bilan Xudo bolalarining farqi shunda: adolatli ish qilmagan va o‘z birodarini sevmagan odam Xudodan emas. Sizlar boshidan eshitgan kalom shu: bir–birimizni yaxshi ko‘raylik! Yovuz shayton zoti bo‘lgan Qobilga o‘xshamaylik. U o‘z ukasini o‘ldirgandi. Nima uchun ukasini o‘ldirdi? Chunki uning ishlari qabih, ukasining ishlari esa to‘g‘ri edi. Ey birodarlarim, agar dunyo sizdan nafratlanayotgan bo‘lsa, hayratlanmanglar. Biz o‘limdan hayotga o‘tganimizni bilamiz, chunki birodarlarimizni sevamiz. Birodarini sevmagan odam esa o‘lim iskanjasida qolgan. Birodaridan nafratlangan har qanday kishi qotildir. Hech bir qotil abadiy hayotga ega bo‘lmasligini bilasizlar. Masih bizlar uchun jonini fido qildi, ana shundan biz haqiqiy sevgini bildik. Demak, biz ham birodarlarimiz uchun jonimizni fido qilishga burchlimiz. Agar o‘zimizga to‘q bo‘lib turib, muhtojlikda yashayotgan birodarimizni ko‘rsak–u, unga yordam bermay yuragimizni tosh qilsak, qanday qilib bizda Xudoning sevgisi joy oladi? Aziz bolalarim, biz haqiqiy sevgimizni quruq gap bilan emas, amalda ko‘rsataylik. [19-20] Shunda biz haqiqat ahli ekanimizga ishonch hosil qilamiz. Hattoki vijdonimiz qiynalganda ham “Xudo hamma narsani biladi, U vijdonimizdan ham ulug‘” degan haqiqat bilan Xudoning huzurida o‘zimizni tinchlantira olamiz. *** Agar vijdonimiz bizni qiynamasa, ey azizlarim, Xudo oldida dadil bo‘lamiz va Undan nima so‘rasak, U beradi. Chunki biz Uning amrlarini bajarib, Unga manzur bo‘lgan ishlarni qilyapmiz. Xudoning amri esa Uning O‘g‘li Iso Masihga ishonishdan va Masih buyurganidek, bir–birimizni sevishdan iboratdir. Xudoning amrlarini bajargan odam Xudo bilan birga va Xudo u bilan birga yashaydi. Xudo biz bilan yashayotganini U har birimizga bergan Ruhidan bilamiz. Ey azizlarim, menda Xudoning Ruhi bor, degan har qanday odamga ishonib ketavermanglar. Har bir odamni sinanglar, u Xudodan yoki Xudodan emasligini bilinglar, chunki dunyoda soxta payg‘ambarlar ko‘payib ketgan. Odamda Xudoning Ruhi borligini shundan bilib olsangiz bo‘ladi: Iso Masih inson bo‘lib kelganini tan oladigan har bir odam Xudodandir. Buni tan olmaydigan odam esa Xudodan emas. Bunday odamdagi ruh Masihning dushmanidandir. Masihning dushmani kelishini sizlar eshitgan edingizlar. Mana, hozirdan u dunyoda. Sizlar esa, aziz bolalarim, Xudodansizlar va soxta payg‘ambarlarni yengdingizlar. Axir, ichingizdagi Ruh dunyodagi shaytondan ustundir. O‘sha soxta payg‘ambarlar bu dunyodan, ularning gapi ham bu dunyoga tegishli, shuning uchun dunyo ularga quloq soladi. Biz esa Xudodanmiz. Xudoni tanigan odam bizga quloq soladi, Xudodan bo‘lmagan esa quloq solmaydi. Ana shundan biz haqiqat Ruhi bilan yolg‘on ruhini farqlay olamiz. Ey azizlarim, bir–birimizni yaxshi ko‘raylik, chunki sevgi Xudodandir. Sevadigan har bir odam Xudoning farzandidir va Xudoni biladi. Sevmaydigan odam esa Xudoni hech qachon bilmagan. Axir, Xudo sevgidir. Xudo bizga bo‘lgan sevgisini shunday namoyon qildi: U bizga hayot berish uchun yagona O‘g‘lini dunyoga yubordi. Haqiqiy sevgi — bizning Xudoga bo‘lgan sevgimiz emas, balki Xudoning bizga ko‘rsatgan sevgisidir. Zero, Xudo bizni gunohlarimizdan poklash uchun O‘z O‘g‘lini qurbon qildi. Azizlarim, Xudo bizni shu qadar sevgani uchun, biz ham bir–birimizni yaxshi ko‘rishimiz kerak. Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rgan emas. Agar biz bir–birimizni yaxshi ko‘rsak, demak, Xudo biz bilan birga va Uning sevgisi bizda o‘zining mukammal ifodasini topgan. Xudo har birimizga O‘z Ruhini bergan. Shundan bilamizki, Xudo biz bilan va biz Xudo bilan birga yashamoqdamiz. Otamiz Xudo O‘z O‘g‘lini dunyoning Najotkori qilib yuborganini biz ko‘rdik va bu haqda guvohlik beryapmiz. Isoni Xudoning O‘g‘li deb tan olgan har bir odam Xudo bilan birga yashaydi va Xudo u bilan birga yashaydi. Xudoning bizga bo‘lgan mehr–muhabbatini biz tatib ko‘rib, unga ishonch hosil qildik. Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan birga yashaydi va Xudo u bilan birga yashaydi. Shu tariqa Uning sevgisi bizda mukammal ifodasini topadi. Shunda biz qiyomat kunini dadillik bilan qarshilab olamiz, chunki hozirdanoq Masih singari Xudo bilan birga yashamoqdamiz. Xudoning sevgisini ardoqlagan kishi qiyomat kunidan qo‘rqmaydi, chunki qalbini to‘ldirgan Xudoning sevgisi bu qo‘rquvni quvib chiqaradi. Qo‘rqoq kishining qalbi esa Xudoning sevgisiga to‘lmagan. Shuning uchun u qiyomat kunidan qo‘rqib yashaydi. Biz sevamiz, chunki Xudo bizni birinchi bo‘lib sevdi. Agar biror kishi Xudoni sevaman desa–yu, birodaridan nafratlansa, u yolg‘onchidir. Ko‘rib turgan birodarini seva olmagan odam ko‘rmagan Xudoni ham seva olmaydi. Xudoni sevgan odam birodarini ham yaxshi ko‘rishi kerak! Bu amrni bizga Xudo bergan. Isoning Masih ekanligiga ishongan har bir kishi Xudoning farzandidir. Kim Otani yaxshi ko‘rsa, Uning farzandlarini ham yaxshi ko‘radi. Biz bilamizki, Xudoni sevib, Uning amrlarini bajarsak, Xudoning farzandlarini ham yaxshi ko‘rgan bo‘lamiz. Xudoni sevish Uning amrlarini bajarish demakdir. Xudoning amrlari esa qiyin emas, chunki Xudoning har bir farzandi dunyoni yengishga qodir. Biz imonimiz orqali dunyo ustidan g‘alaba qozonamiz. Ha, Iso Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishongan odamgina dunyoni yenga oladi! Iso Masih kelganda suvga cho‘mdirilib, biz uchun O‘z qonini to‘kdi. U suvga cho‘mish bilan cheklanibgina qolmay, O‘z qonini to‘kdi. Muqaddas Ruhning O‘zi bu haqda guvohlik beryapti va Uning guvohligi haqiqatdir. Shunday qilib, bunga uchta guvoh bor: Ruh, suv va qon. Ular bir xil guvohlik berishyapti. Biz insonlarning guvohligini qabul qilamiz, Xudoning guvohligi esa undan qanchalar muhimroq. Xudo ham O‘z O‘g‘li haqida guvohlik berdi. Xudoning O‘g‘liga ishongan odam Xudoning guvohligini chin dildan qabul qilgan bo‘ladi. Xudoga ishonmagan odam esa Xudoni yolg‘onchiga chiqaradi, chunki u Xudoning O‘z O‘g‘li haqida bergan guvohligiga ishonmaydi. Xudoning guvohligi shundan iborat: Xudo bizga abadiy hayot berdi va bu abadiy hayotning manbayi Xudoning O‘g‘li Isodir. Kim Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lsa, hayotga egadir. Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lmagan odamda esa hayot yo‘q. Ey Xudoning O‘g‘liga ishonganlar, sizlar abadiy hayotga egasizlar. Shuni bilib olinglar deb sizlarga bu maktubni yozyapman. Biz abadiy hayotga ega bo‘lganimiz uchun Xudoning huzurida dadil bo‘lamiz, chunki Xudoning irodasiga ko‘ra nimani so‘rasak, U bizga quloq tutishini bilamiz. Xudo ibodatlarimizga quloq tutar ekan, demak, ibodatlarimizga javob olganimizga to‘liq ishonch hosil qilamiz. Agar biror kishi birodarining gunoh qilayotganini ko‘rsa–yu, bu gunoh abadiy o‘limga sabab bo‘lmasa, u uchun ibodat qilsin. Uning ibodati tufayli Xudo gunoh qilgan odamga hayot bag‘ishlaydi. Men gunohi abadiy o‘limga sabab bo‘lmaydigan odamni nazarda tutyapman. Abadiy o‘limga sabab bo‘ladigan gunoh ham bor. Bunday gunohga qo‘l urgan odamlar uchun ibodat qilinglar, deb aytmayapman. Har qanday yomonlik gunohdir, ammo hamma gunoh ham abadiy o‘limga sabab bo‘lavermaydi. Xudoning farzandi bo‘lgan odam gunoh qilmasligini bilamiz, chunki Xudo bunday odamni O‘z panohida asraydi. Yovuz shayton unga biror zarar yetkaza olmaydi. Biz Xudodan ekanimizni, butun dunyo esa yovuz shayton changalida ekanini bilamiz. Yana shuni bilamizki, Xudoning O‘g‘li kelib, haq Xudoni tanib–bilishimiz uchun bizga aql–idrok berdi. Biz Iso Masih bilan birga yashar ekanmiz, haq Xudo bilan ham birga yashaymiz. Iso Masih haq Xudodir va abadiy hayot manbaidir. Aziz bolalarim, o‘zlaringizni butlardan saqlanglar. Xudo tanlab olgan aziz xonim va uning bolalariga men — oqsoqoldan salom! Men sizlarni chin dildan yaxshi ko‘raman, mengina emas, haqiqatni bilib olganlarning hammasi sizlarni yaxshi ko‘radi. Bu sevgiga dilimizdan joy olgan va to abad biz bilan bo‘ladigan haqiqat asos bo‘ldi. Biz haqiqat va sevgi bo‘yicha yashar ekanmiz, Otamiz Xudo va Otamizning O‘g‘li — Iso Masih beradigan inoyat, marhamat va tinchlik doim bizga yor bo‘ladi. Hurmatli xonim, farzandlaringizning bir nechtasi Otamiz Xudoning bizga bergan amrini bajarib, haqiqat yo‘lida yurayotgan ekanlar. Men bundan g‘oyat xursand bo‘ldim. Sizdan bir iltimosim bor, bir–birimizni yaxshi ko‘raylik. Sizga yangi amrni yozayotganim yo‘q, bu amr bizga boshidan berilgan. Sevgi — biz Xudoning amrlariga amal qilishimizdan iborat. Sizlar bu amrni boshidan eshitgansizlar va unga amal qilib yashashingiz kerak. Bularni yodingizda tutinglar, chunki dunyoda yolg‘onchilar ko‘payib ketgan. Iso Masih inson bo‘lib kelganini ular tan olmaydilar. Ularning har biri yolg‘onchi va Masihning dushmanidir! Shunday ekan, ogoh bo‘linglar! Mukofotingizni to‘liq olish uchun, Masihga bo‘lgan haqiqiy imoningizni mahkam tutinglar. Masih ta’limotini ortda qoldirib, o‘zicha “jadallab ketgan” odamda Xudo yo‘q. Masih ta’limoti bo‘yicha yashagan odamda esa Ota ham, O‘g‘il ham bor. Agar biror kishi oldingizga kelib, sizlarga boshqacha ta’limotni o‘rgatsa, uni uyingizga kiritmanglar, taklif ham qilmanglar. Agar uni taklif qiladigan bo‘lsangiz, uning yomon ishlariga sherik bo‘lgan hisoblanasiz. Sizlarga aytadigan gapim ko‘p, ammo bularni siyoh bilan qog‘ozga yozishni istamadim. Undan ko‘ra oldingizga borib, sizlar bilan yuzma–yuz gaplashaman, deb umid qilaman. Shunda shodligimiz tugal bo‘ladi. Xudo tanlab olgan aziz singlingizning bolalari sizlarga salom yo‘llashyapti. Chin ko‘ngildan yaxshi ko‘radigan aziz birodarim Gayga men — oqsoqoldan salom! Aziz do‘stim, hamma ishlaringga Xudodan rivoj tilayman. Tanang ruhing singari sog‘–salomat bo‘lsin. Har safar birodarlarimiz kelib, sening haqiqatga sodiq qolganingni va haqiqat bo‘yicha yashayotganingni aytishganda, men g‘oyat xursand bo‘laman. Men uchun farzandlarimning haqiqat bo‘yicha yashayotganlarini eshitishdan kattaroq xursandchilik yo‘q. Aziz do‘stim, sen birodarlarimizga, hatto o‘zing tanimaganlarga ham, doim sadoqat bilan yordam berib kelyapsan. Ular sening mehribonliging to‘g‘risida imonlilar jamoatiga aytib yurishibdi. Bu ishingni davom ettiraver, Xudoga munosib tarzda safardagi birodarlarga yordam ber. Axir, ular Masih nomi uchun yo‘lga chiqqanlar. Imonsizlardan hech qanday yordam olmaslikka qaror qilganlar. Biz bunday odamlarni qo‘llab–quvvatlashimiz kerak, shunda haqiqatni e’lon qilishda ularga hamkor bo‘lamiz. Men imonlilar jamoatiga bir maktub yozgan edim. Ammo ularning oralarida o‘zini katta tutayotgan Diotref gaplarimizga e’tibor bermayapti. Agar borsam, uning qilmishlarini fosh etaman. U biz haqimizda yomon gaplar tarqatib, tuhmat qilib yuribdi. Bu bilan ham kifoyalanmay, birodarlarni qabul qilmayapti, qabul qilmoqchi bo‘lganlarga to‘sqinlik qilib, ularni hatto jamoatdan quvib chiqaryapti. Aziz birodarim, sen yomonlikka emas, yaxshilikka taqlid qil. Yaxshilik qiluvchi odam Xudodandir. Yomonlik qiluvchi esa Xudoni ko‘rmagan. Dimitriy haqida esa hamma yaxshi gapirmoqda, uning hayotida va ta’limotida aks etgan haqiqat ham u tomondadir. Biz ham u haqda yaxshi fikrdamiz, gapimiz to‘g‘ri ekanligini o‘zing bilasan. Senga aytadigan gapim ko‘p, ammo ularni siyoh bilan qog‘ozga yozishni istamadim. Undan ko‘ra, yaqin orada o‘zing bilan yuzma–yuz ko‘rishib gaplashaman, deb umid qilaman. Tinch–omon bo‘lgin. Do‘stlarimiz senga salom yo‘llayaptilar. U yerdagi do‘stlarimga ham nomma–nom salom aytib qo‘y. Iso Masihning quli va Yoqubning ukasi men — Yahudodan, Xudoning xalqi bo‘lishga da’vat qilingan birodarlarga salom! Otamiz Xudo sizlarni Iso Masihning kelishiga qadar O‘z mehr–muhabbati panohida omon saqlaydi. Xudo sizlarga cheksiz marhamat, tinchlik va mehr–oqibat ato qilsin. Sevimli birodarlarim, men sizlarga hammamiz birgalikda bahra olayotgan najotimiz haqida yozishni juda xohlagan edim. Ammo buning o‘rniga sizlarni: “Imonimizni himoya qilaylik”, deb undamoqchiman. Axir, Xudo bu o‘zgarmas imonni aziz xalqiga to abad topshirgan. Gap shundaki, ba’zi betavfiq odamlar orangizga o‘g‘rincha kirib olibdilar. Ular, o‘z axloqsizligini oqlash uchun, Xudoyimizning inoyati haqidagi xabarni buzib o‘rgatyaptilar. Yagona Xo‘jayinimiz va Rabbimiz Iso Masihni rad etyaptilar. O‘sha betavfiqlarning jazosi azaldanoq yozilgandir. Bunday odamlarning qismati nima bo‘lishini o‘zlaringiz yaxshi bilasizlar. Bularni sizlarga yana bir bor eslatmoqchiman: Egamiz O‘z xalqi Isroilni Misrdagi qullikdan qutqargandi. Keyinroq esa ishonmagan odamlarni halok qilgan edi. Shuningdek, o‘z mavqeiga yarasha ish tutmay, makonini tashlab ketgan farishtalarni ham Egamiz qorong‘i–zimistonga abadiy zanjirband qilgandi. Ularni buyuk qiyomat kunigacha o‘sha yerda saqlab turibdi. O‘sha farishtalar singari Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlari, shuningdek, bular atrofidagi barcha shaharlar aholisi ham notabiiy buzuq ehtiroslarga va shahvoniy hirsga berilgan edilar. Natijada esa abadiy o‘tda kuyib, o‘z jazosini olganlar. Ularning qismati hammaga saboq bo‘ldi. Shunga qaramay, oramizga kirib olgan betavfiqlar o‘z vahiylariga tayanib, badanlarini harom etyaptilar. Xudoning hokimiyatini rad etib, samoviy mavjudotlarni haqorat qilyaptilar. Esingizda bo‘lsa, bosh farishta Mikoil iblis bilan Musoning jasadi haqida bahslashgandi. Ammo Mikoil shunda ham iblisni haqoratlab, hukm qilishga jur’at etmadi, u Xudoning hokimiyatini e’zozlagan holda, faqat: “Egamning O‘zi seni hukm qilsin”, — deb aytgan edi, xolos. O‘sha betavfiqlar esa Xudoning qonunini tushunmaydilar, tushunmaganlari uchun ham o‘sha qonunni mensimaydilar. Ular o‘zlarini ongsiz hayvonlarday tutib, ehtiroslarga berilib yashashdan boshqa hech narsani bilmaydilar. Buning natijasida halokatga yo‘liqadilar. Bu soxta ustozlarning holiga voy! Axir, ular Qobilning izidan boryaptilar. Pulga berilib, boshqalarni Balomga o‘xshab yo‘ldan uryaptilar. Ko‘rax singari isyon qilib, halokatga yuz tutyaptilar. Bu odamlar jamoatingizni ham halokatga yo‘liqtiradilar. Ular faqat o‘zini boqadigan cho‘ponlarga o‘xshaydi. Sizlar taom yeyish uchun birga yig‘ilganingizda, Rabbimiz Isoni xotirlash uchun non sindirganingizda ular uyalmay, ochko‘zlik bilan qorinlarini to‘ydiradilar. Ular shamol haydagan yomg‘irsiz bulutlarga o‘xshaydilar, mavsumida meva bermaydigan daraxtlar kabidirlar. Bu ustozlar qo‘porib tashlangan daraxtlarday o‘likdirlar. Ular dengizning vahshiy to‘lqinlari kabi jo‘sh uradi, sharmandali ishlarini iflos ko‘pikday yuzaga chiqarib, atrofga sochadi. Ular adashgan yulduzlarday tayyorlab qo‘yilgan qop–qorong‘i zulmatga abadiy g‘arq bo‘lishadi. Odam Atodan keyin, yettinchi avlodda yashagan Xano‘x bu odamlar haqida shunday bashorat qilgan: “Rabbimiz ming–minglab muqaddas malaklari bilan keladi. U jamiki odamzodni hukm qiladi. Gunohga botgan betavfiqlarni mahkum etadi, Yaramas qilmishlari uchun, Uni haqoratlaganlari uchun Betavfiqlarni jazolaydi.” Oramizga kirib olgan bu betavfiqlar, qachon qaramang, ming‘irlab nolib yuradilar. Faqat o‘z nafsini o‘ylab ish tutadilar. Maqtanadilar, o‘z manfaatini ko‘zlab, tilyog‘lamalik qiladilar. Sizlar esa, ey azizlarim, Rabbimiz Iso Masihning havoriylari aytgan bashoratlarni esingizda tutinglar. Axir, ular sizlarni quyidagicha ogohlantirishgan: “Oxirgi zamonda shunday odamlar bo‘ladiki, ular faqat o‘z nafsini qondirish bilan ovora bo‘lishadi, haqiqatga itoat qiluvchilarni mazax qilishadi.” Muqaddas Ruhga ega bo‘lmagan bu betavfiq ustozlar inson tabiatiga qul bo‘lib yashaydilar, orangizga nizo urug‘ini sochadilar. Sizlar esa, ey azizlarim, qutlug‘ imoningizga tayanib hayot kechiringlar. Muqaddas Ruh ilhomi bilan ibodat qilinglar. Xudoning mehr–muhabbati panohida bo‘lib, o‘zingizni asranglar. Rabbimiz Iso Masihning kelishini kutinglar. U kelib, O‘z marhamati tufayli bizga abadiy hayot ato qiladi. Ikkilanuvchi birodarlaringizga rahmdil bo‘lib, ularni qutqaringlar. Ana shunda, sizlar bunday odamlarni qiyomat alangasidan chiqarib olganday bo‘lasizlar. O‘z bilganidan qaytmaganlarga esa achininglar. Biroq Xudodan qo‘rqib, ularning qabih qilmishlaridan hazar qilinglar, ularning harom kiyimlaridan ham jirkaninglar. Imondan qaytib ketishdan sizlarni faqatgina Xudo asray oladi. U sizlarni beg‘ubor va shod–xurram qilib, O‘zining ulug‘vor huzuriga olib kirishga qodir. Bizni Iso Masih orqali qutqargan yakkayu–yagona Najotkorimiz Xudoga hamdlar bo‘lsin! Azaldan, hozir va to abad salobatli, kuch–qudratli, saltanat Sohibi bo‘lgan Xudoga shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Mazkur kitobda Iso Masihning vahiysi bayon etilgan. Yaqin orada yuz beradigan hodisalarni Xudo O‘z qullariga ayon qilish uchun bu vahiyni Iso Masihga berdi. Iso Masih O‘z farishtasini quli Yuhannoning oldiga yuborib, ushbu vahiyni ko‘rsatdi. Yuhanno Xudoning kalomi va Iso Masihning shahodati to‘g‘risida nimalar ko‘rgan bo‘lsa, hammasi haqida guvohlik bermoqda. Ushbu bashorat so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qiyotgan odam baxtlidir. Uni tinglab, kitobda yozilganlarga amal qiluvchilar baxtlidir. Axir, bu hodisalarning vaqt–soati yetdi. [4-5] Asiya viloyatidagi yettita imonlilar jamoatiga Yuhannodan salom! Azaldan bor bo‘lgan, hozir ham bor, kelajakda ham bor bo‘ladigan Xudodan, Uning taxti oldida turgan yetti ruhdan, shuningdek, o‘liklar ichidan birinchi bo‘lib tirilgan, yer yuzi shohlarining Hukmdori bo‘lgan sodiq shohid — Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo‘lsin. Iso Masih bizni sevadi. U O‘z qonini to‘kib, bizni gunohlarimizdan xalos etdi. *** U bizdan Shohlik yaratdi, bizni Otasi Xudoga xizmat qiladigan ruhoniylar qilib tayinladi. Qudrat Sohibi bo‘lgan Masihga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin. Ana, U bulutlarda kelyapti! Har bir ko‘z Uni ko‘radi, Hatto Unga nayza sanchganlar ham Unga ko‘z tikadi. Dunyoning jamiki qabilalari U tufayli yig‘laydi. Darhaqiqat, hammasi aytilganday bo‘ladi! Omin. “Men — Ibtido va Intihodirman, — deb aytmoqda Egamiz Xudo. — Men oldin bor bo‘lgan, hozir ham bor, kelajakda ham bor bo‘ladigan Qodir Xudodirman.” Men birodaringiz Yuhannoman. Isoning azoblari, Uning Shohligi va sabr–toqatini baham ko‘rgan sherigingizman. Men Xudoning kalomini va’z qilib, Iso haqida guvohlik berganim uchun Patmos oroliga surgun qilinganman. Haftaning birinchi kunida Muqaddas Ruh meni qamrab oldi. Men orqamdan karnay sadosiga o‘xshash kuchli bir ovozni eshitdim. Ovoz shunday dedi: “Ko‘rganlaringni kitobga yozib bor. So‘ng uni Efes, Smirna, Pergam, Tiyatira, Sardis, Filadelfiya va Laodikiya shaharlaridagi imonlilarning yettita jamoatiga yubor.” Menga gapirayotgan Kimsani ko‘rish uchun o‘girildim. Shunda yettita oltin chiroqpoyani ko‘rdim. Chiroqpoyalar orasida inson qiyofasidagi bir Zot turgan edi. Uning ustida uzun, to‘pig‘igacha tushgan rido, ko‘ksiga oltin tasma bog‘langan edi. Sochi momiqday oq, qorday oppoq edi. Ko‘zlari esa alangaday chaqnardi. Uning oyoqlari o‘choqda qizdirilgan bronzaday yarqirar, ovozi guvullagan dengiz tovushiga o‘xshardi. O‘ng qo‘lida yettita yulduz bor edi, og‘zidan o‘tkir dudama qilich chiqib turardi. Uning yuzi kun qiziganda balqiydigan quyoshday porlardi. Uni ko‘rishim bilanoq, oyoqlari ostiga jonsizday yiqildim. U esa o‘ng qo‘lini ustimga qo‘yib, shunday dedi: “Qo‘rqma! Men Birinchi va Oxirgiman. Barhayotman. O‘lgan edim va mana, abadulabad tirikman. O‘limning va o‘liklar diyorining kalitlari Mendadir. Shunday ekan, sen oldin ko‘rganlaringni, hozir ko‘rayotganlaringni va bundan keyin ko‘radiganlaringning hammasini yozib bor. Sen o‘ng qo‘limda ko‘rgan yettita yulduz va yettita oltin chiroqpoyaning siriga kelsak, yetti yulduz — yetti jamoatning farishtalarini, yetti chiroqpoya esa yetti jamoatni bildiradi.” “Efesdagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: Yetti yulduzni o‘ng qo‘lida Tutguvchi, yettita oltin chiroqpoya orasida Yuruvchi shunday demoqda: Sening ishlaring, mehnating, bardoshingni bilaman, badkirdorlarga toqat qilmasligingni ham bilaman. Havoriy bo‘lmagan holda o‘zlarini havoriy deb aytganlarni sen sinading, ularning yolg‘onini fosh qilding. Ha, bardoshlisan. Mening nomim uchun ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirib, holdan toymading. Biroq senga bir e’tirozim bor: sen Menga bo‘lgan ilk sevgingni unutding. Qara, qanchalar past tushding! Tavba qil va avvalgi ishlaringga qayt. Tavba qilmasang oldingga borib, chiroqpoyangni o‘z joyidan olib tashlayman. Ha, senda yana bir yaxshi fazilat bor, sen nikolaychilarning ishlaridan nafratlanasan. Men ham ulardan nafratlanaman. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin. G‘olib kelganlarga Xudoning jannatidagi hayot daraxti mevasidan yeyishni nasib etaman.” “Smirnadagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: O‘lib tirilgan, Birinchi va Oxirgi bo‘lgan Zot shunday demoqda: Chekkan azoblaringni, kambag‘alligingni bilaman. Aslida esa boysan! O‘zini Xudoning xalqi deb ataganlar seni qanchalar haqoratlaganini ham bilaman. Ular Xudoning xalqi emas, balki shayton to‘dasidir. Boshingga tushadigan azob–uqubatlardan qo‘rqma! Mana, iblis sizlarni sinash uchun orangizdan ba’zilarni zindonga tashlaydi, o‘n kun davomida azob chekasizlar. O‘lim xavfi ostida bo‘lganingda ham sodiq qol, shunda Men senga hayot tojini beraman. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin. G‘olib kelganlar ikkinchi o‘limdan hech qanday zarar ko‘rmaydilar.” “Pergamdagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: O‘tkir dudama qilich Sohibi shunday demoqda: Qayerda yashayotganingni bilaman. Shahringda shaytonning taxti joylashgan. Shunday bo‘lsa–da, sen Mening nomimga qattiq bog‘landing. Shayton yashayotgan o‘sha shahringda sodiq shohidim Antipa o‘ldirilganda ham sen Menga bo‘lgan imoningdan qaytmading. Lekin senga bir oz e’tirozim bor: orangizda Balom ta’limotiga rioya qiluvchilar bor. Balom Isroil xalqini yo‘ldan ozdirish yo‘lini Boloqqa o‘rgatgandi. Boloq esa Isroil xalqini butlarga qurbonlik qilingan go‘shtni yeyishga va fahsh–zinoga undagandi. Shuningdek, orangizda nikolaychilar ta’limotini tutuvchilar ham bor. Endi tavba qil! Aks holda men zudlik bilan oldingga borib, og‘zimdagi qilich bilan o‘shalarga qarshi jang qilaman. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin. G‘olibga Men pinhon saqlangan mannani beraman. Unga oq toshni ham beraman. Bu toshning ustiga yangi bir ism yozilgan, toshni olgan kishidan boshqa hech kim u ismni bilmaydi.” “Tiyatiradagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: Ko‘zlari otash alangasiday chaqnoq, oyoqlari qizdirilgan bronzaday yarqiroq Xudoning O‘g‘li shunday demoqda: Sening ishlaring, sevging, imoning, xizmating va bardoshingni bilaman. Hozirda oldingidan ham ko‘proq ish qilayotganingni bilaman. Lekin senga bir e’tirozim bor: sen Izabel degan xotinga toqat qilib yuribsan. U o‘zini payg‘ambar deb, ta’limoti bilan qullarimni yo‘ldan ozdiryapti. Ularni fahsh–zino qilishga va butlarga qurbonlik qilingan go‘shtni yeyishga undayapti. Fahsh–zinodan tavba qilishi uchun unga muhlat berdim, ammo u tavba qilishdan bosh tortyapti. Mana, Men uni xastalik to‘shagiga yotqizaman. U bilan birga fahsh–zino qilganlarni ham, bordi–yu, uning yo‘lidan qaytmasalar, qattiq azob–uqubatlarga duchor qilaman. Uning izdoshlarini o‘ldiraman. Onglarni va yuraklarni sinaguvchi Men ekanligimni shunda hamma jamoatlar bilib oladilar. Men orangizdagi har bir kishini o‘z qilmishiga yarasha jazolayman. Tiyatiradagi ba’zilaringiz Izabelning bu ta’limotiga ergashmadingiz. Sizlar “shaytonning sirlari” deb atalgan narsalardan bexabarsizlar. Sizlarga shundan boshqa hech narsa yuklamayman: faqat Men kelgunimga qadar, imoningizni qattiq tutinglar, deyman. G‘olib kelganlarga va oxirigacha Mening irodamni bajarganlarga xalqlar ustidan hokimiyat beraman. Ular xalqlarni temir xivchin ila boshqarishadi. Sopol ko‘zani sindirganday xalqlarni parchalashadi. Otam Menga ato qilgan bu hokimiyat ularda bo‘ladi. Men ularga tong yulduzini ham beraman. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin.” “Sardisdagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: Xudoga xizmat qiladigan yetti ruhni Boshqaruvchi, qo‘lida yetti yulduzni Tutguvchi shunday demoqda: sening ishlaringni bilaman. Seni tirik deyishadi, ammo o‘liksan. Sening ishlaring Xudoyim nazarida tugal emasligini bildim. Uyg‘on! Jamoating nobud bo‘lmoqda. Imonini saqlab qolganlarga qo‘shilib, jamoatingni mustahkamla. Nima eshitib o‘rgangan bo‘lsang eslagin. O‘shalarga rioya qilgin. Gunohlaringdan tavba etgin. Agar uyg‘onmasang, Men ustingga o‘g‘riday bostirib kelaman. Sen esa qaysi soatda kelishimni bilmaysan. Biroq Sardisda o‘z kiyimlarini bulg‘atmagan bir necha odamlaring qolgan. Ular Men bilan birga oq kiyimda yuradilar, ular bunga loyiqdirlar. G‘olib kelganlar ular singari shunday oq kiyim kiyadilar. Men ularning nomlarini hayot kitobidan o‘chirmayman, Otam va Uning farishtalari oldida nomlarini tan olaman. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin.” “Filadelfiyadagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: Shoh Dovudning kaliti muqaddas va haq Zotdadir. U eshikni ochganda, uni hech kim bekita olmaydi. U bekitganda, hech kim ocholmaydi. O‘sha Zot shunday demoqda: Sening ishlaringni bilaman. Mana, oldingda bir eshik ochdim, uni hech kim bekita olmaydi. Kuching kamligini Men bilaman. Shunga qaramay, sen so‘zimga rioya qilding, Mendan tonmading. Shayton to‘dasidan bo‘lganlarni nima qilishimni o‘zing ko‘rasan. Ular o‘zlarini Xudoning xalqi deb ataydilar, ammo gaplari yolg‘on, ular Xudoning xalqi emaslar. Men ularni shunday ko‘yga solamanki, kelib sening oyog‘ingga yiqiladilar. Men seni qanchalik sevganimni bilib oladilar. Sen Mening sabrli bo‘lish haqidagi amrimga itoat etding. Shunday ekan, yer yuzida yashovchilarni sinash uchun yuboriladigan kulfat vaqtidan Men seni asrayman. Men tezda kelaman. Imoningni mahkam tut, toki hech kim tojingni tortib olmasin. G‘olib kelganlarni Men Xudoyimning Ma’badida ustun qilaman. Shunda ular zinhor Ma’badni tark etmaydilar. Ularning peshanalariga Men Xudoyimning nomini va Xudoyimga qarashli shaharning nomini yozaman. Bu shahar — Xudoyim osmondan yuborgan yangi Quddusdir. G‘olibning peshanasiga Men O‘zimning yangi nomimni ham yozaman. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin.” “Laodikiyadagi imonlilar jamoatining farishtasiga yoz: Sodiq va haq Shohid, Xudo yaratgan borliqning Asoschisi, Omin deb nom olgan Zot shunday demoqda: Sening ishlaringni bilaman, sen na sovuq va na issiqsan. Eh, qani edi yo sovuq, yo issiq bo‘lsang! Sen issiq ham, sovuq ham emas, balki iliq bo‘lganing uchun Men seni qusib yuboraman. Sen: “Boyman, o‘zimga to‘qman, hech narsadan kam–ko‘stim yo‘q”, — deysan. Aslida esa ayanchli, achinarli ahvolda ekaningni, qashshoq, ko‘r va yalang‘och ekaningni bilmaysan! Senga maslahat beraman: boyishing uchun Mendan olovda toblangan oltinni sotib ol. Sharmandali yalang‘ochligingni yopish uchun egningga oq kiyim, ko‘rishing uchun ko‘zlaringga surtadigan malhamni Mendan sotib ol. Men kimni sevsam, aybini ko‘rsataman, tarbiyalayman. Shunday ekan, shijoatli bo‘l, gunohlaring uchun tavba qil. Mana, Men eshik oldida turib, taqillatyapman. Kim ovozimni eshitib eshikni ochsa, Men o‘shaning oldiga kiraman. Men u bilan va u Men bilan ovqatni baham ko‘ramiz. G‘olib kelganlarni Men yonimda, taxtimda o‘tirishga haqli qilaman. Zotan Men ham g‘olib kelganimda Otam bilan birga Uning taxtida o‘tirdim. Kimning qulog‘i bo‘lsa, Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini eshitsin.” Shundan keyin men osmonda lang ochiq bir eshikni ko‘rdim. Ilgari menga gapirgan karnay sadosiga o‘xshash o‘sha ovoz yana eshitildi. U shunday dedi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga ko‘rsataman.” Shu payt Muqaddas Ruh meni qamrab oldi. Men osmonda turgan bir taxtni ko‘rdim, unda bir Zot o‘tirar edi. O‘tirgan Zotning qiyofasi qimmatbaho yashma va la’l toshlariday yarqirardi. Taxt atrofida zumrad tusidagi kamalak jilvalanardi. Taxtning tevaragida yana yigirma to‘rtta taxt turardi. Bu taxtlarda oq kiyim kiygan, boshlarida oltin tojlari bo‘lgan yigirma to‘rt nafar oqsoqol o‘tirar edi. Taxtdan chaqmoq chaqardi, momaqaldiroqning gulduros sadosi kelardi. Taxt oldida Xudoning yetti ruhi bo‘lgan yettita mash’al yonib turardi. Taxtning oldida shisha dengizga o‘xshash billurday tiniq bir narsa bor edi. Taxtning atrofida to‘rtta jonli mavjudot turar edi, ularning oldi va orqasi ko‘zlar bilan qoplangan edi. Birinchi mavjudot sherga, ikkinchisi buqaga o‘xshar edi, uchinchi mavjudotning yuzi odamning yuziga, to‘rtinchisi esa uchayotgan burgutga o‘xshar edi. Bu to‘rtta mavjudotning har birida oltitadan qanoti bor edi. Ularning hamma yog‘i ko‘zlar bilan qoplangan edi, hatto qanotlarining tagida ham ko‘zlari bor edi. Ular kechayu kunduz tinmay shunday so‘zlarni takrorlar edilar: “ Muqaddasdir, muqaddasdir, Muqaddasdir Qodir Xudo — Egamiz. U bor bo‘lgan, hozir ham bor, Kelajakda ham bor bo‘lar!” Mavjudotlar taxtda O‘tirganni, to abad barhayot Zotni ulug‘lashardi, izzat–ikrom ko‘rsatib, shukronalar aytishardi. Shunda yigirma to‘rt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Zot oldida yerga muk tushib, sajda qilishardi. Tojlarini taxt oldiga qo‘yib, shunday deyishardi: “Yo Egamiz, yo Xudoyimiz! Sen qudratlisan! Ulug‘vorligu izzatga Sen loyqsan! Zero, butun borliqni Sen yaratgansan, Hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi, yaratildi.” Men taxtda o‘tirgan Zotning o‘ng qo‘lida bir o‘rama qog‘ozni ko‘rdim. O‘ramning oldi va orqa tomonlarida yozuvlari bor bo‘lib, u yettita muhr bilan muhrlangan edi. So‘ng men kuchli bir farishtani ko‘rdim. U baland ovozda: “Muhrlarni yechishga, o‘ramni ochishga kim loyiq?”, deb so‘radi. Biroq na osmonda, na yer yuzida, na yer ostidagi olamda o‘ramni ocha oladigan yoki ichiga nazar sola oladigan biron kimsa bor edi. Men achchiq–achchiq yig‘lay boshladim, chunki o‘ramni ochishga, hatto uning ichiga nazar solishga loyiq biron kimsa topilmagandi. Shunda oqsoqollardan biri menga dedi: “Yig‘lama! Ana qara, Yahudo qabilasidan bo‘lgan Sher — Dovud urug‘idan chiqqan Zot g‘alaba qozondi. U o‘ramning yettita muhrini yechishga va o‘ramni ochishga qodirdir.” Shunda men taxtning oldida, to‘rtta jonli mavjudot va oqsoqollar qurshovida turgan bir Qo‘zini ko‘rdim. U go‘yo bo‘g‘izlanganday edi. Qo‘zining yetti shoxi va yetti ko‘zi bor edi. Bular Xudo butun yer yuziga yuborgan yettita ruhdir. Qo‘zi kelib, taxtda o‘tirgan Zotning o‘ng qo‘lidan o‘ramni oldi. U o‘ramni olganda, to‘rtta mavjudot va yigirma to‘rt oqsoqol Qo‘zining oldida muk tushishdi. Har birining qo‘lida bir arfa va xushbo‘y tutatqilarga to‘la oltin kosalar bor edi. Xushbo‘y tutatqilar — Xudo azizlarining duoyu ibodatlari demakdir. Ular quyidagicha yangi qo‘shiq aytishar edi: “Sen o‘ramni olishga, Uning muhrlarini yechishga loyiqsan! Chunki Sen bo‘g‘izlangan eding, O‘z qoning evaziga har bir qabila, millat, elatu xalqdan Xudo uchun odamlarni qutqarib olding. Ulardan Shohlik yaratding, Ularni Xudoyimizga xizmat qiladigan Ruhoniylar qilib tayinlading. Ular yer yuzida hukm suradilar.” Keyin men taxtning, mavjudotlar va oqsoqollarning atrofida ko‘p farishtalarni ko‘rdim, ularning ovozlarini eshitdim. Ularning sanog‘iga yetib bo‘lmas, ming–minglab, o‘n minglab edilar. Ular baland ovozda shunday derdilar: “Bo‘g‘izlangan Qo‘zi hamdlarga loyiqdir! Kuchu davlat, donoligu qudrat Sohibiga Shon–sharaflar bo‘lsin!” Shunda men yeru osmondagi, yer ostidagi, dengizdagi jamiki jonzotlarning ovozlarini eshitdim. Ularning hammasi shunday deb kuylayotgan edilar: “Taxtda o‘tirgan Xudoga va Qo‘ziga Abadulabad hamdlar bo‘lsin! Bu qudrat Sohiblariga Abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin!” To‘rtta mavjudot: “Omin!” — dedi. Oqsoqollar esa muk tushib, sajda qildilar. Keyin men Qo‘zining yetti muhrdan birini yechganini ko‘rdim. O‘sha paytda to‘rtta jonli mavjudotdan biri momaqaldiroqqa o‘xshash ovoz bilan: “Kel!” — deb aytganini eshitdim. Shunda men bir oq otni ko‘rdim. Ot ustida kamoni bor suvori o‘tirardi. Unga bir toj berildi. U bosqinchi bo‘lib, dushmanlarini bosib olish uchun yo‘lga chiqdi. Qo‘zi ikkinchi muhrni yechganda, men ikkinchi mavjudotning: “Kel!” — deb aytganini eshitdim. Shu payt boshqa bir ot chiqib keldi. U qip–qizil rangda edi. Xalqlar bir–biriga qirg‘in keltirsin deb, bu ot ustidagi suvoriga dunyoni tinchlikdan mahrum qilish qudrati berilgandi. Unga katta qilich ham berildi. Qo‘zi uchinchi muhrni yechganda, men uchinchi mavjudotning: “Kel!” — deb aytganini eshitdim. Shunda men qora otni ko‘rdim. Bu ot ustidagi suvorining qo‘lida tarozi bor edi. Men to‘rtta mavjudotning orasidan chiqqan ovozga o‘xshash bir sadoni eshitdim. O‘sha ovoz dedi: “Odamlar bir kunlik ish haqiga bor–yo‘g‘i bir kosa bug‘doy yoki uch kosa arpa sotib oladigan bo‘lsin. Ammo zaytun bog‘lari va uzumzorlarga zarar yetkazma!” Qo‘zi to‘rtinchi muhrni yechganda, men to‘rtinchi mavjudotning: “Kel!” deb aytganini eshitdim. Shunda men ko‘kimtir rangdagi bir otni ko‘rdim. Ot mingan suvorining nomi O‘lim edi. O‘liklar diyori uning ketidan ergashib kelayotgan edi. Ularga dunyoning to‘rtdan bir qismi ustidan hokimiyat berilgandi. Ular yerdagi odamlarni qilich, qahatchilik, o‘lat va yovvoyi hayvonlar orqali o‘ldirishlari mumkin edi. Qo‘zi beshinchi muhrni yechganda, men qatl qilingan odamlarning jonlarini qurbongoh ostida ko‘rdim. Ular Xudoning kalomi va bergan shahodatlariga sodiq qolganlari uchun o‘ldirilgan edilar. Ular qattiq faryod qilib shunday derdilar: “Yo Egamiz, Sen muqaddas va haqdirsan. Sen qachon dunyoda yashayotganlarni hukm etasan? Qachon ulardan o‘limimiz uchun qasos olasan?” Bu jonlarning har biriga oq libos berildi. Ularga: “Qisqa bir muddat dam olib turinglar”, deb aytildi. Boshqa xizmatchi birodarlar ham ular singari o‘ldirilib, soni belgilangan songa yetgunga qadar ular kutib turishlari kerak edi. Qo‘zi oltinchi muhrni yechayotganini men kuzatib turdim. Shunda qattiq zilzila ro‘y berdi. Quyosh qora junday tim qora bo‘lib qoldi, to‘lin oy esa qonday qip–qizil tusga kirdi. Osmondagi yulduzlar yerga quladi. Ha, kuchli shamol daraxtni silkitib anjirni to‘kkanday ular yerga to‘kildi. Osmon qog‘ozday o‘ralib, yo‘q bo‘lib ketdi. Har bir tog‘ va orol joyidan siljidi. Dunyoning shohlari, aslzodalariyu lashkarboshilari g‘orlarga va tog‘larning qoyalari orasiga yashirindilar. Ular bilan birga boylaru kuchlilar, qulu erkin odamlar yashirindilar. Ular tog‘u qoyalarga shunday deb yolvorar edilar: “Ustimizga qulang, taxtda o‘tirgan Zotning nazaridan va Qo‘zining g‘azabidan bizni yashiring! Axir, Ular g‘azabini sochadigan qo‘rqinchli kun keldi! Bu kunga kim bardosh bera olardi?!” Shundan keyin men yer yuzining to‘rt burchagida turgan to‘rt nafar farishtani ko‘rdim. Ular to‘rtta shamolni tutib turar edilar. Shamolning esishiga, yerga, dengizga, biron daraxtga tegishiga yo‘l qo‘ymas edilar. So‘ngra men sharqdan kelayotgan boshqa bir farishtani ko‘rdim. U barhayot Xudoning muhrini olib kelayotgan edi. Yeru dengizga zarar yetkazish qudrati berilgan to‘rtta farishtaga u baland ovozda shunday xitob qildi: “Yerga, dengizga va daraxtlarga zarar yetkazmay turinglar. Biz Xudoyimizning qullari peshanalariga muhr bosib olaylik!” Men muhrlangan kishilarning sonini eshitdim. Isroil qabilalarining barchasidan 144.000 kishi muhrlangan edi: Yahudo qabilasidan 12.000 kishi, Ruben qabilasidan 12.000, Gad qabilasidan 12.000, Osher qabilasidan 12.000, Naftali qabilasidan 12.000, Manashe qabilasidan 12.000, Shimo‘n qabilasidan 12.000, Levi qabilasidan 12.000, Issaxor qabilasidan 12.000, Zabulun qabilasidan 12.000, Yusuf qabilasidan 12.000, Benyamin qabilasidan 12.000 kishi. Shundan keyin men sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan katta bir olomonni ko‘rdim. Turli xil xalq, qabila, elatu millatlarga mansub bo‘lgan bu odamlar taxt oldida, Qo‘zining huzurida turishardi. Hammasining egnida oq libos, qo‘llarida palma shoxlari bor edi. Ular ovozlari boricha shunday hayqirishardi: “Taxtda o‘tirgan Xudoyimiz bilan Qo‘zi najot berish qudratiga egadirlar!” Hamma farishtalar taxt atrofida, oqsoqollar va to‘rtta mavjudot atrofida turar edilar. Ular taxt oldida muk tushib, Xudoga sajda qilgan holda shunday deyishardi: “Omin! Xudoyimizga hamdu sanolar bo‘lsin! Donoligu kuch–qudrat Sohibiga Abadulabad shukronayu shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.” Oqsoqollardan biri mendan so‘radi: — Oq libos kiygan bu odamlar kim? Ular qayerdan kelganlar? — Taqsir, bunisi o‘zingizga ayon, — deya javob berdim men. U menga shunday dedi: — Bular qattiq quvg‘inlardan o‘tib kelganlar. Ular liboslarini yuvib, Qo‘zining qoni bilan oqartirganlar. Shuning uchun ular Xudoning taxti oldida turadilar va Uning Ma’badida kecha–kunduz xizmat qiladilar. Taxtda O‘tirgan esa ularni O‘z panohida asraydi. Ular endi och qolmaydilar, chanqamaydilar. Quyosh ham, oftob ham ularni urmaydi. Zotan taxt oldida turgan Qo‘zining O‘zi ularga cho‘ponlik qiladi. Ularni hayotbaxsh suv buloqlariga olib boradi. Xudo ularning ko‘zidagi har bir tomchi yoshni artib qo‘yadi. Qo‘zi yettinchi muhrni yechganda, osmon yarim soatcha sukunatda qoldi. Men Xudoning huzurida turgan yettita farishtani ko‘rdim. Ularning har biriga bittadan karnay berildi. Boshqa bir farishta kelib, qurbongohning oldida turdi. Uning qo‘lida oltin otashkurak bor edi. Unga ko‘p xushbo‘y tutatqilar berildi. U bu tutatqilarni barcha Xudo azizlarining ibodatlariga qo‘shib, taxt oldida turgan oltin qurbongoh ustida nazr qilishi kerak edi. Tutatqilarning tutuni Xudo azizlarining ibodatlari bilan birga farishtaning qo‘lidan yuqoriga Xudoning huzuriga ko‘tarildi. Farishta otashkurakni olib, uni qurbongohdagi otash bilan to‘ldirdi–da, yer yuziga uloqtirib yubordi. O‘shanda momaqaldiroqning gulduros sadosi yangrab, chaqmoq chaqdi, zilzila boshlandi. Yettita farishta qo‘llaridagi karnaylarni chalishga tayyorlandilar. Birinchi farishta karnayini chaldi. Shunda do‘l, olov va qon yer yuziga yog‘dirildi. Yerning uchdan bir qismi yonib ketdi, daraxtlarning uchdan biri va hamma o‘t–o‘lanlar kuyib ketdi. Ikkinchi farishta karnayini chaldi. Shunda lovullab yonayotgan ulkan toqqa o‘xshash bir narsa dengizga otildi. Dengizning uchdan bir qismi qonga aylandi. Dengizdagi jonzotlarning uchdan bir qismi o‘ldi, kemalarning uchdan bir qismi halokatga uchradi. Uchinchi farishta karnayini chaldi. Shunda osmondan ulkan bir yulduz tushdi. Mash’al bo‘lib yonayotgan bu yulduz daryolarning uchdan bir qismiga va suv buloqlariga tushdi. Bu yulduzning nomi Erman edi. Suvlarning uchdan bir qismi achchiq bo‘ldi. Suvning achchiqligidan ko‘p odamlar o‘ldi. To‘rtinchi farishta karnayini chaldi. Quyoshning uchdan bir qismi, oyning va yulduzlarning uchdan bir qismi zarba yeb, qorong‘ilashdi. Natijada kunduzning ham, tunning ham uchdan bir qismi yorug‘liksiz qoldi. Keyin men boshim uzra uchib ketayotgan bir burgutni ko‘rdim. U baland ovozda shunday deganini eshitdim: “Yer yuzida yashayotganlarning holiga voy! Holiga voy! Holiga voy! Axir, qolgan uchta farishta hozir karnaylarini chalishadi.” Beshinchi farishta karnayini chaldi. Shunda men osmondan yerga tushgan bir yulduzni ko‘rdim. Unga jahannam qa’rining kaliti berilgan edi. U jahannam qa’rini ochdi. Ulkan o‘choqdan chiqayotganday, jahannam qa’ridan tutun burqirab chiqdi. Bu tutundan quyosh va havo qorong‘ilashib ketdi. Tutundan chigirtkalar chiqib, yer yuziga tarqaldi. Ularga yerdagi chayonlarning kuchiga o‘xshash bir kuch berilgan edi. Chigirtkalarga: “Yer yuzidagi o‘t–o‘lanlarga, bironta o‘simlik yoki daraxtga tegmanglar”, deb aytilgan edi. Ular faqat peshanalarida Xudoning muhri bo‘lmagan odamlarga zarar yetkazishlari mumkin edi. Odamlarni o‘ldirish chigirtkalarga man etilgandi. Ular odamlarga besh oy davomida azob berishlari kerak edi. Bu azob chayon chaqqandagi azobga o‘xshardi. O‘sha besh oy davomida odamlar o‘lim izlaydilar, ammo topolmaydilar. O‘limni orzu qiladilar, ammo o‘lim ulardan qochadi. Chigirtkalarning ko‘rinishi jangga shaylangan otlarga o‘xshar edi. Ularning boshida oltin tojga o‘xshagan narsalar bor, yuzlari esa odamsimon edi. Sochlari ayollarning sochiga, tishlari esa arslon tishiga o‘xshar edi. Ko‘kraklari temir sovutday edi. Qanotlarining tovushi esa urushga yelib borayotgan tumonat jang aravalarining tovushini eslatardi. Chayonlarga o‘xshash dumlari va nishlari bor edi. Insonlarga besh oy davomida zarar yetkazish uchun olgan kuch–qudrati o‘sha dumlarida edi. Ularga jahannam qa’rining farishtasi hukmronlik qilardi. Bu farishtaning oti ibroniychada Avaddon, yunonchada Apollion (ya’ni “halok qiluvchi”) demakdir. Birinchi halokat o‘tdi, bundan keyin yana ikkita halokat bor. Oltinchi farishta karnayini chaldi. Shunda men Xudo huzuridagi oltin qurbongohning to‘rtta shoxi tomonidan kelayotgan bir ovozni eshitdim. Bu ovoz karnay tutgan oltinchi farishtaga shunday dedi: “Buyuk Furot daryosi bo‘yida bog‘lab qo‘yilgan to‘rt farishtani yechib yubor!” Bu to‘rtta farishta o‘sha soat, o‘sha kun, o‘sha oy va o‘sha yil uchun saqlab kelingan edi. Ular insoniyatning uchdan bir qismini qirib tashlash uchun bo‘shatildi. Ular ikki yuz millionlik otliq qo‘shinni boshqarishardi, men ularning sonini eshitdim. Men ko‘rgan vahiydagi otlar bilan suvorilarning ko‘rinishi quyidagicha edi: suvorilarning sovutlari olovday qizil, to‘q ko‘k va oltingugurtday sariq rangda edi. Otlarning boshi arslon boshiga o‘xshar, og‘izlaridan olov, tutun va oltingugurt otilib chiqardi. Insoniyatning uchdan bir qismi shu uch balodan — olov, tutun va oltingugurtdan o‘ldi. Otlarning kuchi og‘zida ham, dumlarida ham edi. Ularning dumlari ilonlarga o‘xshardi. Bu ilonlar odamlarni chaqib, jarohatlardi. Bu balolardan omon qolgan insonlar esa o‘zlari yasagan butlaridan voz kechmadilar, jinlarga sig‘inishdan qaytmadilar. Ko‘rmaydigan, eshitmaydigan, yurmaydigan oltin, kumush, bronza, tosh va yog‘och butlarga sajda qilaverdilar. Qotilliklaridan, issiq–sovuq qilishdan, fahsh–zino va o‘g‘irliklaridan qaytmadilar. Men osmondan tushayotgan boshqa kuchli bir farishtani ko‘rdim. U bulutga burkangan edi. Uning boshi uzra kamalak bor edi. Yuzi quyoshday porlar, oyoqlari olov ustunlariday lovullab turar edi. Uning qo‘lida kichkinagina ochilgan o‘rama qog‘oz bor edi. U o‘ng oyog‘ini dengiz ustiga, chap oyog‘ini yer yuziga qo‘yganicha, sher o‘kirganday qattiq hayqirdi. U hayqirganda yettita momaqaldiroq ham tilga kirib, gulduros ovoz bilan gapira boshladi. Yettita momaqaldiroq gapirganda, men yozmoqchi bo‘ldim. Lekin osmondan bir ovoz shunday dedi: — Yettita momaqaldiroqning gaplarini yozma, ularni sir saqla! Dengiz va yer yuzida turgan, men ko‘rgan farishta o‘ng qo‘lini osmonga ko‘tardi. [6-7] U to abad barhayot Xudo haqi ont ichdi. Yeru osmonni, dengiz va ularni to‘ldirgan jamiki jonivorlarni yaratgan Xudo haqi ont ichib, shunday dedi: — Xudo payg‘ambar qullariga O‘zining sir tutgan rejasini ma’lum qilgandi. Yettinchi farishta karnay chalganda, Xudo o‘sha rejasini amalga oshiradi. Endi kechiktirmaydi. *** Osmondan kelgan ovoz menga yana dedi: — Bor, dengiz va yer ustida turgan farishtaning qo‘lidan ochiq o‘rama qog‘ozni ol. Men farishtaning yoniga borib: — O‘rama qog‘ozni menga bering, — dedim. Farishta menga dedi: — Mana, ol! Uni yegin! U ichingni achitib yuboradi, og‘zingga esa asalday shirin ta’m beradi. Men o‘rama qog‘ozni farishtaning qo‘lidan olib yedim. U og‘zimda asaldek shirin edi. Ammo uni yutganimdan keyin ichim achishib ketdi. So‘ng menga shunday deb aytishdi: — Sen yana ko‘p elatlar haqida, xalqlar, millatlaru shohlar haqida bashorat qilishing kerak. Menga o‘lchash uchun bir qamish berildi, so‘ng shunday deb aytildi: “Bor, Xudoning Ma’badini va qurbongohni o‘lchab chiq. U yerda sajda qiluvchilarni sanagin. Ma’badning tashqi hovlisini esa qoldir, uni o‘lchama. Chunki u yer butparastlarga berilgan. Ular muqaddas shaharni qirq ikki oy oyoq osti qiladilar. Men ikki shohidimga qudrat beraman. Ular egnilariga qanor kiyib, 1260 kun davomida va’z qiladilar. Bu ikki shohid — butun dunyo Egasining huzurida turgan ikkita zaytun daraxti va ikkita chiroqpoyadir. Bordi–yu, birontasi ularga ozor yetkazmoqchi bo‘lsa, ularning og‘zidan olov chiqib, o‘sha dushmanni yeb bitiradi. Ularga ozor berishni istaganlar shu yo‘sinda halok bo‘ladi. Bu ikki shohid va’z qiladigan kunlarda yomg‘ir yog‘masligi uchun Xudo ularga osmonni berkitish qudratini bergan. Ularga yana suvni qonga aylantirish va yer yuzini istagan vaqtlarida turli baloyu ofatlarga yo‘liqtirish qudrati berildi. Ular shahodat berib bo‘lganlaridan keyin, tubsiz chuqurlikdan chiqqan bir mahluq ular bilan jang qiladi, ularni yengib, o‘ldiradi. Ularning jasadlari buyuk shaharning ko‘chasida yotadi. Shohidlarning Rabbiysi Iso ham o‘sha shaharda xochga mixlangan edi. O‘sha shaharning ramziy nomi Sado‘m va Misrdir. Barcha elu qabilalar, millatu xalqlardan bo‘lgan odamlar uch yarim kun davomida ularning jasadlarini tomosha qiladilar. Ularni dafn etishga ruxsat berishmaydi. Yer yuzida yashayotganlar shohidlarning o‘limidan sevinib xursandchilik qilishadi. Bir–birlariga hadyalar yuborishadi. Chunki ikkala payg‘ambar yer yuzida yashovchilarga ko‘p azob bergan edi.” Ammo uch yarim kundan keyin ikkala payg‘ambarning vujudiga Xudoning hayot nafasi kirdi. Shunda ular oyoqqa turdilar. Ularni ko‘rgan hammani qattiq vahima bosdi. Ikki payg‘ambar osmondan kelgan baland bir ovozning: “Bu yoqqa chiqinglar!” — deganini eshitishdi, shunda ular dushmanlarining ko‘z o‘ngida bulut ichida osmonga ko‘tarilishdi. O‘sha zahoti shiddatli zilzila yuz berdi. Shaharning o‘ndan bir qismi quladi. Zilzilada yetti ming kishi nobud bo‘ldi. Qolganlari esa vahimaga tushib, Samoviy Xudoni ulug‘lashdi. Ikkinchi halokat o‘tdi. Mana, uchinchi halokat tez yaqinlashyapti. Yettinchi farishta karnayini chaldi. Osmonda baland ovozlar yangradi. Ular shunday deb aytayotgan edilar: “Endi bu dunyo hukmronligi, Egamizga va Uning Masihiga tegishlidir. Ular abadulabad hukmronlik qilishadi.” Shunda Xudoning huzuridagi o‘z taxtlarida o‘tirgan yigirma to‘rt nafar oqsoqol yuz tuban yerga muk tushdilar. Ular Xudoga sajda qilib dedilar: “Yo Qodir Xudo — Egamiz! Sen bor bo‘lgansan, hozir ham borsan. Biz Senga tashakkurlar aytamiz. Axir, Sen buyuk qudratingni namoyon etding, Hukmronlik qila boshlading. Xalqlar Sendan g‘azablangandi, Endi Sen ham g‘azabga minding. Endi vaqti keldi o‘liklarni hukm qilishga, Payg‘ambar qullaringni, azizlaringni mukofotlashga, Sendan qo‘rqqan kattayu kichikni taqdirlashga. Yerni vayron qilganlarni vaqti keldi xonavayron qilishga!” So‘ng Xudoning osmondagi Ma’badi ochildi. Ma’badda Xudoning Ahd sandig‘i ko‘rindi. O‘shanda chaqmoq chaqib, momaqaldiroqning gulduros sadolari yangradi, zilzila boshlandi, shiddatli do‘l yog‘di. Osmonda ajoyib bir alomat ro‘y berdi: quyoshga burkangan bir ayol paydo bo‘ldi. Uning oyoqlari ostida oy va boshida o‘n ikki yulduzli toj bor edi. Ayol homilador bo‘lib, uni to‘lg‘oq tutar, dard bilan baqirar edi. So‘ngra osmonda boshqa bir alomat ko‘rindi: yetti boshli, o‘nta shoxli ulkan qizil ajdaho paydo bo‘ldi. Uning har bir boshida bittadan toji bor edi. U dumi bilan osmondagi yulduzlarning uchdan bir qismini sudrab, yerga uloqtirdi. Ajdaho to‘lg‘oq tutgan ayolning oldiga turib oldi. Chaqaloq tug‘ilishi bilanoq ajdaho uni yutib yubormoqchi edi. Ayol o‘g‘il ko‘rdi. Kelajakda barcha xalqlarni temir xivchin bilan boshqaradigan bu o‘g‘lon darhol olib ketildi. U Xudoning huzuriga, taxtga keltirildi. Ayol esa cho‘lga qochib ketdi. U yerda 1260 kun davomida ayolga g‘amxo‘rlik qilishsin deb, Xudo maxsus joy hozirlab qo‘ygan edi. Shundan keyin osmonda jang boshlandi. Mikoil va uning farishtalari ajdahoga qarshi chiqishdi. Ajdaho ham o‘zining farishtalari bilan Mikoilga qarshi jang qildi. Ammo ajdaho talafot ko‘rdi. Unga va uning farishtalariga endi osmonda joy yo‘q edi. Ulkan ajdaho yerga uloqtirildi. Butun dunyoni aldagan bu qadimgi ilon iblis va shayton deb atalgan. U o‘z farishtalari bilan yerga uloqtirildi. Shunda men osmondan baland ovozda aytilgan bu so‘zlarni eshitdim: “Xudoyimiz najotu qudratini ayon qildi, Mana, Uning Shohligi keldi. Masihining hokimiyati o‘rnatildi. Axir, birodarlarimizning tuhmatchisi yerga uloqtirildi, Ha, Xudoyimiz huzurida kecha–kunduz Ularga tuhmat qilayotgan iblis pastga otildi. Ular Qo‘zining qoni tufayli, O‘zlarining shahodat so‘zi tufayli uni yengdilar. Hatto o‘lim xavfi ostida bo‘lganlarida jonlarini ayamadilar. Ey osmonu falak, xursand bo‘l! Unda yashovchilar, shodlaning! Ammo, yeru dengiz, sizning holingizga voy! Zero, iblis oldingizga tushdi. Vaqti oz qolganini bilib, u qahru g‘azabga mindi.” Ajdaho o‘zining yer yuziga uloqtirilganini anglagach, o‘g‘il bola tuqqan ayolni ta’qib qila boshladi. Ayol o‘sha ilondan qocha olishi uchun unga katta burgutning ikki qanoti berildi. U sahroga — uch yarim yil davomida unga g‘amxo‘rlik qilinadigan joyga qochib borishi kerak edi. Ilon esa, uni sel oqizib ketsin deb, og‘zini ochdi–da ayolning ketidan daryoday suv oqizdi. Ammo yer ayolga yordam berdi. Yer dahanini ochib, ajdaho oqizgan daryoni yutib yubordi. Ajdaho ayoldan qattiq g‘azablandi. U ayolning boshqa farzandlari bilan jang qilgani chiqdi. Ayolning farzandlari — Xudoning amriga itoat qilgan va Isoning shahodatiga sodiq qolgan odamlardir. Ajdaho dengizning qum sohiliga borib turdi. To‘satdan men dengizdan bir mahluq chiqib kelganini ko‘rdim. Uning yettita boshi va o‘nta shoxi bor edi. Har bir shoxiga bittadan toj kiydirilgan, har bir boshiga esa kufrona nom yozilgandi. Men ko‘rgan bu mahluq qoplonga o‘xshardi. Oyoqlari ayiqning oyog‘iga, og‘zi esa sherning og‘ziga o‘xshar edi. Ajdaho bu mahluqqa o‘z qudrati, taxti va buyuk hokimiyatini berdi. Mahluqning boshlaridan biri davolab bo‘lmaydigan darajada qattiq yaralangan edi. Ammo uning bu yarasi sog‘ayib qoldi. Shunda butun jahon hayratda qolib, mahluqqa ergashdi. Odamlar ajdahoga sajda qilishdi, chunki ajdaho mahluqqa o‘z hokimiyatini berdi. Ular mahluqqa ham sajda qilib shunday deb aytishardi: “Kim ham bu mahluqqa teng kelardi?! Kim ham unga qarshi chiqa olardi?!” Mahluqqa takabburona va kufrona so‘zlar sochadigan og‘iz berildi. Unga qirq ikki oy davomida hukmronlik qilish huquqi berildi. Mahluq kufr ketib, Xudoni va Xudoning nomini la’natladi. U Xudo yashaydigan makonga va osmonda yashaydigan har bir mavjudotga la’natlar yog‘dirdi. Unga Xudoning azizlariga qarshi jang qilish va ularni yengish uchun izn berildi. Unga har bir qabila, elat, millat va xalq ustidan hokimiyat berildi. Bu dunyoga qarashli odamlarning hammasi mahluqqa sajda qilishadi. Dunyo yaratilganidan beri bu odamlarning ismlari bo‘g‘izlangan Qo‘zining hayot kitobiga yozilmagan. Kimning qulog‘i bo‘lsa eshitsin! Hamma peshanasidagini ko‘radi: Ba’zilar asirlikka tushib, surgunga ketadi. Ba’zilar qilichdan o‘tkaziladi, Bu vaziyat Xudo azizlaridan sabr–toqatu imonni talab qiladi. Bundan so‘ng men yerdan chiqayotgan boshqa bir mahluqni ko‘rdim. Uning ikki shoxi qo‘chqorning shoxlariga o‘xshardi, u ajdahoday gapirardi. U birinchi mahluqqa xizmat qilib, uning butun hokimiyatini ishga solardi. Butun yer yuzi va u yerda yashaganlar yarasi tuzalgan birinchi mahluqqa sajda qilsin, deb ularni majburlardi. Bu ikkinchi mahluq buyuk va mo‘jizali alomatlar ko‘rsatdi. U hatto hammaning ko‘zi oldida osmondan yerga olov tushirdi. Birinchi mahluqning nomidan bu mo‘jizali alomatlarni ko‘rsatishga unga izn berilgandi. Bu alomatlari bilan u yer yuzidagi odamlarni yo‘ldan ozdirdi. U odamlarga: “Qilichdan yaralangan, ammo sog‘ qolgan mahluqning tasvirini yasanglar”, deb buyurdi. Unga mahluqning tasviriga jon ato etish qudrati berilgandi. Mahluq tasviri tilga kirdi va o‘ziga sajda qilmaganlarning hammasini o‘ldirtirdi. U hammani — kattayu kichikni, boyu kambag‘alni, qulu erkin odamni majburlab, ularning o‘ng qo‘li yoki peshanasiga tamg‘a bostirdi. Kimda mahluqning tamg‘asi bo‘lmasa, u mutlaqo oldi–sotdi qilolmasdi. Tamg‘ada mahluqning nomi yoki nomining soni yozilardi. Bunda hikmat bor. Aqli yetgan odam mahluqning sonini hisoblab chiqsin, chunki bu son — ma’lum bir insonni bildiradigan sondir. Uning soni 666. Men Sion tog‘ida Qo‘zining turganini ko‘rdim. Qo‘zi bilan birga 144.000 kishi bor edi. Ularning peshanalariga Qo‘zining va Otasining ismi yozilgandi. Shunda men osmondan bir tovush eshitdim. Bu tovush dengizning shovullashiday, gumburlagan momaqaldiroq tovushiday edi. U xuddi arfa chalayotgan cholg‘uchilarning kuyiga o‘xshardi. O‘sha 144.000 kishi taxt oldida, to‘rtta jonli mavjudot va oqsoqollar oldida yangi bir qo‘shiq kuylayotgan edilar. Dunyodan qutqarib olingan bu 144.000 kishidan boshqa hech kim bu qo‘shiqni o‘rgana olmas edi. Bu odamlar bulg‘anmaganlar, bokira qizlarday o‘zlarini pok saqlaganlar. Qo‘zi qayoqqa borsa, Uning orqasidan ergashganlar. Insonlar orasidan qutqarib olingan bu odamlar ilk hosil singari Xudo va Qo‘ziga nazr qilinganlar. Ularning tilida yolg‘on–makr yo‘q, ular benuqsondirlar. Shundan keyin boshim uzra uchib borayotgan bir farishtani ko‘rdim. Bu farishta yer yuzida yashovchi har bir xalq va qabilaga, har qanday millatu elatga abadiy Xushxabarni e’lon qilayotgan edi. U baland ovozda shunday dedi: “Xudodan qo‘rqing, Uni ulug‘lang! U xalqlarni hukm qiladigan vaqt keldi. Yeru osmonni, dengizu buloqlarni Yaratganga sajda qiling!” Uning ketidan ikkinchi farishta uchib kelib, shunday dedi: “Vayron bo‘ldi! Buyuk Bobil shahri vayron bo‘ldi! Bobil shahvoniy hirsi sharobidan Hamma xalqlarga ichirgandi.” Ularning ketidan uchinchi farishta uchib kelib, baland ovozda shunday dedi: — Kimki mahluqqa va uning tasviriga sajda qilib, peshanasi yoki qo‘liga tamg‘a qabul qilsa, u Xudoning g‘azab sharobidan ichadi. Qahr kosasiga quyilgan bu sharob nihoyatda kuchlidir. Bunday odamlar muqaddas farishtalar va Qo‘zi oldida yonayotgan oltingugurt ichida azob chekadilar. Azoblarining tutuni abadulabad burqirab turadi. Mahluq va uning tasviriga sajda qilib, mahluq nomli tamg‘ani qabul qilganlar kechayu kunduz tinchlik ko‘rmaydilar. Bunday vaziyatda Xudoning amrlariga itoat qilgan va Isoga sodiq qolgan Xudoning azizlaridan sabr–toqat talab qilinadi. Shunda men osmondan bir ovoz eshitdim. U menga dedi: — Shunday deb yoz: Bundan buyon Rabbimiz Isoga umid bog‘lab, olamdan ko‘z yumganlar baxtlidir! — Ha, — deydi Ruh, — ular qilgan og‘ir mehnatidan dam olsinlar, mehnatining rohatini ko‘rsinlar. Shundan keyin men oq bir bulutni ko‘rdim. Bulut ustida inson qiyofasidagi bir Zot o‘tirgandi. Uning boshida oltin toj, qo‘lida o‘tkir o‘roq bor edi. Keyin Ma’baddan bir farishta chiqdi. U bulut ustida o‘tirgan Zotga baland ovozda shunday dedi: “O‘rog‘ingizni ishga soling, chunki o‘rim–terim vaqti keldi. Mana, yerning hosili yetildi.” Bulut ustida o‘tirgan Zot yerga o‘roq soldi, yerning hosili o‘rildi. Osmondagi Ma’baddan boshqa bir farishta chiqdi. Uning ham o‘tkir o‘rog‘i bor edi. So‘ng qurbongoh oldidan yana boshqa bir farishta keldi. U qurbongohdagi olov uchun mas’ul edi. U o‘tkir o‘roqli farishtaga baland ovozda xitob qildi: “O‘tkir o‘rog‘ingni ishga sol. Yerdagi uzum boshlarini yig‘. Axir, uzum pishib bo‘ldi.” Farishta o‘rog‘ini yerga soldi. Yerdagi uzum boshlarini yig‘ib, Xudoning uzum ezadigan katta qahr–g‘azabi chuquriga uloqtirdi. Shahar tashqarisidagi o‘sha chuqurda uzumlarni eza boshlashdi. Chuqurdan qon daryo bo‘lib oqib chiqdi. Bu qonli daryo 1600 o‘q otimi masofaga oqib bordi, u shunchalik chuqur ediki, deyarli otni ko‘mib yuborar edi. Men osmonda buyuk va hayratga soladigan boshqa bir alomatni ko‘rdim. Osmonda yettita farishta turardi, har birining qo‘lida bittadan balo bor edi. Bu balolar so‘nggi balolar bo‘lib, Xudo g‘azabini yakunlar edi. Men go‘yo olov aralash shishadan yasalgan bir dengizni ko‘rdim. Uning yonida odamlar turgan edi. Ular mahluq ustidan, uning tasviri va nomini bildirgan son ustidan g‘alaba qozongan edilar. Ularning qo‘llarida Xudo bergan arfalar bor edi. Ular Xudo quli Musoning qo‘shig‘ini va Qo‘zining qo‘shig‘ini kuylab, shunday derdilar: “Yo Qodir Xudo — Egamiz, Buyuk va ajoyibdir Sening ishlaring. Ey xalqlarning Shohi! To‘g‘ri va haqdir Sening yo‘llaring. Ey Egamiz, Sendan qo‘rqmaydigan bormi?! Nomingni ulug‘lamaydigan bormi?! Axir, yolg‘iz O‘zing muqaddasdirsan. Jamiki xalqlar huzuringga keladilar, Ular Senga sajda qiladilar. Zero, odil hukmlaring hammaga ayon bo‘ldi.” Shundan so‘ng men samoviy Ma’badning eng muqaddas xonasi ochilganini ko‘rdim. Ma’baddan yetti baloni tutgan yettita farishta chiqdi. Ularning egnida toza, oppoq zig‘ir liboslar bor edi, ko‘kslariga oltin tasmalar bog‘langan edi. To‘rtta mavjudotdan biri bu yetti farishtaga yettita oltin kosani berdi. Bu kosalar to abad barhayot Xudoning g‘azabi bilan to‘lgan edi. Ma’bad Xudoning ulug‘vorligi va qudrati tutuniga to‘lib ketdi. Yetti farishtaning yetti balosi tamom bo‘lmagunga qadar, hech kim Ma’badga kira olmadi. Bundan keyin men Ma’baddan kelayotgan baland bir ovozni eshitdim. O‘sha ovoz yettita farishtaga shunday dedi: “Boringlar, Xudoning g‘azabiga to‘lib–toshgan yetti kosadagi balolarni yerga to‘kinglar.” Birinchi farishta borib, kosasidagini yerga to‘kdi. Mahluqning tamg‘asi bosilgan va uning tasviriga sajda qilgan odamlarda og‘ir, jirkanch yaralar paydo bo‘ldi. Ikkinchi farishta kosasidagini dengizga to‘kdi. Dengiz o‘likning qoniga o‘xshab qoldi. Dengizdagi hamma jonivorlar qirilib ketdi. Uchinchi farishta kosasidagini daryolarga va buloqlarga to‘kdi, ular ham qonga aylandi. Suvlar uchun mas’ul bo‘lgan farishtaning shunday deganini eshitdim: “Ey Muqaddas Xudo, Sen bor bo‘lgansan, hozir ham borsan. Sening chiqargan bu hukmlaring odildir. Azizlaring va payg‘ambarlaringning qonini to‘kkanlarga Sen qon ichirding, ular bunga loyiqdir.” Qurbongohdan bir ovoz eshitildi, u shunday dedi: “Ha, Qodir Xudo — Egamiz! Sening hukmlaring haq va adolatlidir.” To‘rtinchi farishta o‘z kosasini quyosh ustiga to‘kdi, quyoshga insonlarni olov bilan yondirish qudrati berildi. Jazirama issiq insonlarni kuydirganda, ular bu ofatlar ustidan hokimiyatga ega bo‘lgan Xudoni la’natladilar. Ular qilmishlaridan tavba qilmadilar, Xudoni ulug‘lamadilar. Beshinchi farishta kosasidagini mahluq taxtiga to‘kdi, mahluqning saltanati zimistonga chulg‘anib qoldi. Odamlar chekkan azobidan tillarini tishlardilar. Yaralarining og‘rig‘idan Samoviy Xudoni la’natlardilar. Ammo qilmishlaridan tavba qilmadilar. Oltinchi farishta kosasidagini buyuk Furot daryosi ustiga to‘kdi. Daryoning suvi quridi. Sharqdan bostirib keladigan shohlarga yo‘l ochildi. Bundan keyin men qurbaqalarga o‘xshash uchta yovuz ruhni ko‘rdim. Ular ajdaho, mahluq va soxta payg‘ambarning og‘izlaridan chiqayotgan edilar. Bular jinlar bo‘lib, mo‘jizali alomatlar ko‘rsata olardi. Ular Qodir Xudoning ulug‘ kunida bo‘ladigan jangga barcha jahon shohlarini to‘plagani bordilar. Masihning shunday gaplarini yodingizda tuting: “Mana, Men o‘g‘ri kabi nogahon kelaman! Hushyor turgan kishi baxtlidir, Yalang‘och yurmayin, sharmanda bo‘lmayin deb, Kiyimini taxt qilib qo‘ygan kishi baxtlidir!” Uchta yovuz ruh shohlarni ibroniychada Xar–Magido‘n degan joyga to‘pladilar. Yettinchi farishta kosasidagini havoga to‘kdi. Ma’baddagi taxtdan: “Amalga oshdi!” — degan baland bir ovoz keldi. Shu vaqt chaqmoq chaqib, momaqaldiroqning gulduros sadolari yangradi, kuchli zilzila bo‘ldi. Zilzila shu qadar kuchli ediki, yer yuzida inson yashagandan beri bunaqasi bo‘lmagandi. Buyuk shahar uch qismga bo‘linib ketdi. Boshqa xalqlarning shaharlari yer bilan yakson bo‘ldi. Xudo buyuk Bobil shahrini yodga oldi. U Bobilga kosadagi g‘azabi sharobidan berdi. Har bir orol o‘rnidan jildi, tog‘lar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Osmondan odamlar ustiga yirik do‘l yog‘ildi. Har bir do‘l donasining og‘irligi 45 kilo chiqardi. Bu dahshatli do‘l dastidan odamlar Xudoni la’natlashardi. Yettita kosani tutgan yetti farishtadan biri kelib, menga shunday dedi: “Bu yoqqa kel, men senga mashhur fohishaning oladigan jazosini ko‘rsataman. Fohisha timsolidagi bu buyuk shahar serob suvlar bo‘yida joylashgan. Yer yuzining shohlari u bilan zino qilardi, yer yuzida yashayotganlar uning fahshu zino sharobidan ichib, mast bo‘lardi.” Muqaddas Ruh meni qamrab oldi, farishta meni cho‘lga olib bordi. U yerda men qip–qizil mahluq ustida o‘tirgan bir ayolni ko‘rdim. Mahluqning hamma yog‘iga kufrona nomlar yozilgandi, uning yettita boshi va o‘nta shoxi bor edi. Ayol safsar va qip–qizil liboslar kiygan, oltin, javohirlar va marvaridlar bilan bezangandi. Uning qo‘lida oltin kosa bor edi, bu kosa jirkanchli narsalarga, fahshu haromliklariga to‘lib–toshgan edi. Ayolning peshanasiga sirli ma’noga ega bo‘lgan shunday bir ism yozilgandi: “Buyuk Bobil — fohishalarning va yer yuzidagi jirkanch ishlarning onasidir.” Men ayolning Xudo azizlari qonidan, ya’ni Iso shohidlari qonidan mast bo‘lganini ko‘rdim. Uni ko‘rib, g‘oyat darajada hayron qoldim. Farishta menga dedi: “Nega hayron bo‘lasan? Men senga ayolning va u mingan yetti boshli, o‘n shoxli mahluqning sirini aytib beraman. Sen ko‘rgan bu mahluq qachonlardir bor edi, endi esa yo‘q. U ko‘p o‘tmay tubsiz chuqurlikdan chiqadi va mahv etiladi. Dunyo yaratilgandan beri ismlari hayot kitobiga yozilmagan yer yuzidagi hamma odamlar mahluqni ko‘rib, hayron qoladilar. Chunki bu mahluq bor edi, hozir yo‘q, ammo yana keladi. Bularni anglamoq uchun aqlu idrok darkor. Mahluqning yetti boshi — ayol o‘tirgan yettita tepalikning timsolidir. Bu yetti bosh yettita shohni ham bildiradi. Bularning beshtasi qulagan, bittasi hozir hukmronlik qilyapti, boshqasi esa hali kelgani yo‘q. U kelganda ham ko‘p vaqt turmaydi. Ilgari bor, hozir yo‘q mahluq esa yettita shohdan biri bo‘la turib, sakkizinchi shoh sifatida qaytib keladi va mahv etiladi. Sen ko‘rgan mahluqning o‘nta shoxi hali taxtga o‘tirmagan boshqa o‘nta shohni bildiradi. Ular qisqa vaqt davomida mahluq bilan birga hukmronlik qiladilar. Bular birlashib, o‘zlarining qudrati va hokimiyatini mahluqqa topshiradilar. Ular Qo‘ziga qarshi jang qiladilar. Ammo Qo‘zi O‘zining da’vat etilgan, tanlangan va sodiq izdoshlari bilan ularni yengadi. Axir, Qo‘zi hokimlarning Hokimi, shohlarning Shohidir.” Farishta menga yana shunday dedi: “Sen fohishaning suvlar bo‘yida o‘tirganini ko‘rding. Bu suvlar to‘da–to‘da elatlarni, xalqlaru millatlarni bildiradi. Sen ko‘rgan o‘nta shox va mahluq fohishadan nafratlanadilar. Uni xonavayron qilib, yalang‘och qoldiradilar. Uning etini yeydilar, qoldiqlarini esa olovda yondiradilar. Xudoning aytgan so‘zlari amalga oshmaguncha, o‘nta shoh birlashib, o‘z hokimiyatini mahluqqa topshiradi. Zero, bu maqsadni ularning diliga Xudoning O‘zi solgan. Sen ko‘rgan ayol — yer yuzi shohlari ustidan hukmronlik qiladigan buyuk shahardir.” Bundan keyin men osmondan tushib kelayotgan boshqa bir farishtani ko‘rdim. Unda buyuk hokimiyat bor edi. Uning ulug‘vorligidan yer yuzi yorishib ketdi. U qattiq hayqirib, shunday dedi: “Vayron bo‘ldi! Buyuk Bobil vayron bo‘ldi! U jinlarning makoni, har turli yovuz ruhning panohi, Har qanday harom va jirkanch qushning uyasi bo‘lib qoldi. Axir, barcha xalqlar Bobilning Shahvoniy hirsi sharobidan ichgandi. Yer yuzi shohlari u bilan zino qilgandi, Yer yuzi savdogarlari Uning cheksiz shahvati tufayli boylik orttirgandi.” Shu payt men osmondan kelayotgan boshqa bir ovozni eshitdim. U shunday dedi: “Ey xalqim, Bobildan chiqib keting! Tag‘in gunohlariga sherik bo‘lib qolmang, Tag‘in sizlar ham balolariga duchor bo‘lmang! Zero, uning gunohlari uyulib ko‘kka yetdi, Xudo uning jinoyatlarini yodga oldi. Bobil sizga nima qilgan bo‘lsa, Xudo ham unga shuni qilsin! Qilmishiga yarasha ikki barobar jazosini bersin! O‘zi tayyorlagan ichimlikdan unga ikki barobar ichirsin! Bobil qay darajada kekkayib, kayf–safo surgan bo‘lsa, Unga shu darajada azobu iztirob berilsin! Axir, u dilida shunday demoqda: Men malikaman, beva emasman, Aslo qayg‘u chekmayman.” Shu bois uning boshiga balolar keladi, U bir kunning ichida o‘lat, qayg‘u, qahatchilikka duchor bo‘ladi. Uni olovda yondirishadi. Axir, uni hukm qiluvchi Egamiz Xudo qudratlidir! Bobil bilan zino qilib, kayf–safo surgan yer yuzi shohlari yonayotgan Bobilning tutunini ko‘rib, uning holiga ho‘ngrab yig‘laydilar. Bobilning azob–uqubatidan dahshatga tushib, uzoqdan turib, deydilar: “Ey buyuk shahar, holingga voy! Ey qudratli Bobil, holingga voy! Sen bir soatdayoq jazoingni olding!” Yer yuzi savdogarlari ham uning holiga yig‘lab motam tutadilar. Chunki ularning molini endi hech kim sotib olmaydi. Oltin, kumush, javohirlaru marvaridlarni, mayin zig‘ir matosi, shoyi, safsaru qirmizi gazlamalarni, turli xil xushbo‘y yog‘ochlarni, fil suyagidan yasalgan har xil buyumlarni, eng qimmatbaho yog‘ochdan, bronzadan, temirdan va marmardan yasalgan buyumlarni, dolchin, ziravorlar, xushbo‘y tutatqilar va mirrani, sharob, zaytun moyini, oliy navli un va bug‘doyni, mol–qo‘ylarni, otlaru aravalarni, odamlarning jonini, tanasini ham sotib oladigan boshqa hech kim bo‘lmaydi. Savdogarlar shunday deb aytishadi: “Ey Bobil, sen orzu qilgan ne’matlaring yo‘q bo‘ldi. Hashamatu savlating nom–nishonsiz g‘oyib bo‘ldi.” Ha, o‘sha mollarini Bobilga sotib, boyib ketgan savdogarlar Bobilning azob–uqubatidan dahshatga tushib, qayg‘urib yig‘laydilar: “Holingga voy! Ey buyuk shahar, holingga voy! Sen mayin zig‘ir matosidan kiyim kiyar eding, Safsaru qirmizi liboslar ila yasanarding. Oltin, javohirlaru marvaridlar ila bezanarding. Shunday boyliging bir soatdayoq nobud bo‘ldi–ya!” Har bir kema darg‘asi, kemadagi yo‘lovchilar, dengizchilar va dengizda savdo–sotiq qiluvchilarning hammasi uzoqdan Bobilga qarab turadilar. Shahardagi yong‘indan chiqayotgan tutunni ko‘rib, shunday faryod qiladilar: “Bu buyuk shaharga teng keladigani yo‘q!” Ular boshlariga kul sochib, faryod chekib, qayg‘urib, dod soladilar: “Holingga voy! Ey buyuk shahar, holingga voy! Dengizdagi kemalarga ega bo‘lganlar Sening ziynatlaring tufayli boylik orttirdilar. Endi esa sen bir soatdayoq xarob bo‘lding!” Ey osmon, uning holidan shodlangin, Ey Xudoning azizlari, xursand bo‘ling, Havoriylaru payg‘ambarlar, sevining! Zero, Xudo sizlarni deb, Bobilni jazoladi. Keyin kuchli bir farishta tegirmon toshiga o‘xshash katta toshni ko‘tarib dengizga uloqtirdi–da, shunday dedi: “Mana shunday shiddat bilan Buyuk shahar Bobil qulaydi! Endi u aslo qad ko‘tarmaydi. Arfachilaru ashulachilarning ovozlari senda eshitilmas, Naychiyu karnaychilarning kuyi senda yangramas. Endi bironta hunarmand senda ustaxona ochmaydi. Tegirmon toshining tovushi ko‘chalaringda eshitilmaydi. Endi ko‘chalaringdagi chiroqlar shu’la sochmaydi, Kuyov bilan kelinning ovozi eshitilmaydi. Zero, savdogarlaring butun dunyoga so‘zini o‘tkazardi, Sehr–jodularing dastidan jamiki xalqlar aldangan edi. Payg‘ambarlar va Xudo azizlarining qoni ko‘chalaringda to‘kildi, Ha, yer yuzida qirg‘inga duchor bo‘lganlar senda o‘ldirildi.” Bundan keyin men osmondagi katta olomonning g‘ala–g‘ovuriga o‘xshash baland ovozlarni eshitdim: “Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Najot, ulug‘vorlik va qudrat Xudoyimizga tegishlidir. Zotan U to‘g‘ri va adolatli hukm qiladi. Yer yuzini fahsh–zino ila bulg‘agan o‘taketgan fohishani U mahkum etdi, Undan O‘z qullarining xunini oldi.” Olomon yana shunday deb hayqirdi: “Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Bobildan to abad burqirab tutun chiqadi.” Shu payt yigirma to‘rt nafar oqsoqol va to‘rtta mavjudot yerga muk tushib: “Omin! Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin!” — deya taxtda o‘tirgan Xudoga sajda qildilar. Keyin taxtdan bir ovoz keldi: “Ey Xudoyimizning barcha qullari, Undan qo‘rquvchi kattayu kichiklar, Unga hamdu sano aytinglar!” So‘ngra men ko‘p xaloyiqning ovoziga o‘xshash, shovullagan dengiz, gumburlagan momaqaldiroqning sadosiga o‘xshash ovozlarni eshitdim. Ular shunday der edilar: “Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Qodir Xudo — Egamiz hukmronlik qilmoqda! Sevinib xursand bo‘laylik, Hammamiz Uni ulug‘laylik! Axir, Qo‘zining nikoh soati yetdi, Uning kelini o‘zini to‘yga tayyorladi.” Kiyishi uchun kelinga yarqiragan, pok, mayin zig‘ir libos berildi. Bu libos — Xudo azizlarining odil ishlaridir. Keyin farishta menga shunday dedi: — Qani, yoz: Qo‘zining nikoh to‘yiga taklif etilganlar baxtlidir! Yana qo‘shib dedi: — Bular Xudoning haq so‘zlaridir. Men unga sajda qilish uchun o‘zimni oyoqlari ostiga tashladim. Lekin u menga dedi: — Yo‘q, menga sajda qilma! Faqat Xudoga sajda qil! Men ham senga o‘xshab Xudoga xizmat qilyapman, Iso haqida shahodat beradigan sen va birodarlaring singari Xudoning xizmatkoriman. Darhaqiqat, Iso haqida shahodat berganlar payg‘ambarlardir, ular Xudoning haq xizmatkorlaridir. Bundan keyin men osmonning ochilganini ko‘rdim. U yerda bir oq ot turar edi. Ustidagi Chavandozni Sodiq va Haq, deb chaqirishardi. U odilona hukm chiqarib, jang qilardi. Uning ko‘zlari otash alangasiday chaqnardi. Boshida ko‘p tojlari bor edi. Peshanasiga esa O‘zidan boshqa hech kim bilmaydigan bir ism yozilgandi. Egnidagi kiyimi qonga belangandi. Chavandozga “Xudoning Kalomi” deb nom berilgan edi. Oppoq, top–toza, mayin zig‘ir libos kiygan samoviy qo‘shinlar oq otlarda Chavandozga ergashib borishardi. Uning og‘zidan o‘tkir bir qilich chiqib turardi. U o‘sha qilichi bilan xalqlarni mag‘lub etadi, qo‘lidagi temir xivchin bilan ularga hukmronlik qiladi. Qodir Xudoning qaynoq qahr–g‘azabi chuquridagi uzumlarni bosib ezadi. Kiyimining son qismida: “shohlarning Shohi, hokimlarning Hokimidir”, degan ism yozilgan. Shundan so‘ng men quyosh ustida turgan bir farishtani ko‘rdim. U uchib ketayotgan barcha qushlarga baland ovozda shunday xitob qildi: “Xudoning buyuk bazmiga kelinglar! Shohlar, sarkardalar, bahodir jangchilarning jasadlarini, otu suvorilar, hamma qulu erkin, kattayu kichikning jasadlarini yeyish uchun to‘planinglar!” Shunda men mahluqni, yer yuzi shohlarini, ularning qo‘shinlarini ko‘rdim. Ular ot mingan Chavandoz bilan Uning qo‘shinlariga qarshi jang qilish uchun safarbar bo‘lgan edilar. Mahluq asir tushdi. U bilan birga soxta payg‘ambar ham asir olindi. Bu soxta payg‘ambar mahluqning nomidan mo‘jizali alomatlar ko‘rsatardi. U bu alomatlari bilan mahluqning tamg‘asini olgan va uning tasviriga sajda qilgan odamlarni aldagandi. Mahluqni ham, soxta payg‘ambarni ham tiriklayin oltingugurt bilan yonayotgan olov ko‘liga tashlashdi. Boshqalar esa ot mingan Chavandozning og‘zidan chiqqan qilich bilan o‘ldirildi. Hamma qushlar bo‘kib qolguncha ularning go‘shtidan yedi. Men osmondan tushayotgan bir farishtani ko‘rdim. Uning qo‘lida tubsiz chuqurlikning kaliti va katta zanjir bor edi. Farishta ajdahoni tutib oldi. Iblis va shayton deb atalgan bu qadimgi ilonni u ming yil muddatga kishanlab qo‘ydi. Yana xalqlarni aldamasin deb, uni tubsiz chuqurlikka tashlab, qamab qo‘ydi. Ming yil tamom bo‘lgunga qadar kiraverishni muhrladi. Ming yil o‘tgandan keyin uni qisqa bir muddatga ozod qilishi kerak edi. Bundan so‘ng, men taxtlarni va taxtlarda o‘tirganlarni ko‘rdim. Xudo taxtlarda o‘tirganlarni oqlagan edi. Ular Iso haqidagi shahodati va Xudoning so‘zi tufayli boshi olinganlarning jonlari edi. Ular mahluqqa va uning tasviriga sajda qilmaganlar, peshanalari va qo‘llariga uning tamg‘asini bostirmaganlar. Ular tirilib, Masih bilan ming yil hukmronlik qildilar. Qolgan o‘liklar ming yil o‘tguncha tirilmadi. Bu birinchi tirilishdir. Birinchi tirilishda ishtirok etganlar baxtli va muqaddasdir. Ikkinchi o‘lim ularga hokim emas. Ular Xudoning va Masihning ruhoniylari bo‘lib, U bilan ming yil davomida hukmronlik qiladilar. Ming yil o‘tgach, shayton o‘z zindonidan ozod etiladi. U chiqib, yerning to‘rt burchagidagi xalqlarni, ya’ni Go‘g va Mago‘gni aldab, jangga to‘playdi. To‘plangan xalqlarning soni dengiz qumiday son–sanoqsiz bo‘ladi. Ular butun yer yuzini qoplab oladilar, Xudo azizlarining qarorgohini va Xudo yaxshi ko‘radigan shaharni qamal qiladilar. Shunda osmondan olov tushib, ularni qirib tashlaydi. Ularni aldagan iblis oltingugurtli ko‘lga tashlanadi. Mahluq va soxta payg‘ambarlar ham o‘sha ko‘lga tashlangan edilar. Ular kechayu kunduz, abadulabad u yerda azob chekadilar. Keyin men ulkan bir oq taxtni va taxtda o‘tirgan Zotni ko‘rdim. Uning huzuridan yeru osmon qochar edi, biroq ularga yashiringani joy topilmadi. Men o‘sha ulkan taxt oldida turgan kattayu kichik o‘liklarni ko‘rdim. Kitoblar ochildi. Hayot kitobi degan boshqa bir kitob ham ochildi. O‘liklar kitoblarda yozilgani bo‘yicha qilmishlariga yarasha hukm etildi. Dengiz o‘zidagi o‘liklarni berdi, o‘lim ham, o‘liklar diyori ham o‘zlaridagi o‘liklarni berdi. Har bir kishi qilmishlariga yarasha hukm etildi. O‘lim va o‘liklar diyori olov ko‘liga tashlandi. Mana bu olov ko‘li ikkinchi o‘limdir. Ismlari hayot kitobida yozilmaganlarning hammasi olov ko‘liga tashlandi. Shundan keyin men yangi bir osmon va yangi bir yerni ko‘rdim. Avvalgi yeru osmon g‘oyib bo‘lgan edi, dengiz ham endi yo‘q edi. Men muqaddas shahar — yangi Quddusni ko‘rdim. Quddus osmondan, Xudo huzuridan tushib kelayotgan edi. U kuyovi uchun bezanib olgan kelinchakka o‘xshar edi. Men taxtdan baland bir ovoz kelganini eshitdim. O‘sha ovoz dedi: “Xudoning maskani insonlar orasidadir! U endi odamlar orasida yashaydi, Ular Xudoning xalqi bo‘ladilar. Xudoning O‘zi ular bilan birga bo‘ladi. Xudo ularning ko‘zidagi har bir tomchi yoshni artib qo‘yadi. Endi o‘lim mavjud bo‘lmaydi, Hech kim qayg‘urmaydi, yig‘lamaydi, azob chekmaydi. Zero, avvalgilar o‘tib ketdi.” Taxtda o‘tirgan Zot shunday dedi: “Mana, Men hammasini yangi qilib yaratyapman!” Keyin U menga dedi: “Bularni yozib qo‘y. Axir, bu so‘zlar ishonchli va to‘g‘ridir!” So‘ng menga yana dedi: “Amalga oshdi! Ibtido va Intiho, Boshi va Poyoni O‘zimman. Chanqaganga Men buloqdagi hayotbaxsh suvdan ichiraman. Buning evaziga u hech qanday to‘lov bermaydi. G‘olib kelganlarga bu barakalar nasib bo‘ladi. Men uning Xudosi bo‘laman, u Mening o‘g‘lim bo‘ladi. Ammo qo‘rqoq, imondan qaytgan, iflos, qotil, buzuq, jodugar, butparast va hamma yolg‘onchilarning qismati olov va oltingugurt bilan yonayotgan ko‘ldadir. Bu ikkinchi o‘limdir.” Shu payt men oxirgi yetti baloga to‘ldirilgan yettita kosani ushlagan yetti farishtadan birini ko‘rdim. U oldimga kelib, menga dedi: “Bu yoqqa kel! Men senga kelinni, Qo‘zining xotinini ko‘rsataman.” Muqaddas Ruh meni qamrab oldi va farishta meni baland bir tog‘ning cho‘qqisiga olib chiqdi. U menga osmondan, Xudo huzuridan tushayotgan muqaddas shahar — Quddusni ko‘rsatdi. Shahar Xudoning ulug‘vorligiga to‘lib, qimmatbaho javohirday, billurday sof yashma toshiday yarqirardi. Qalin va baland devor bilan o‘ralgan bu shaharning o‘n ikki darvozasi bor edi. Har bir darvozani bittadan farishta qo‘riqlardi. Darvozalarda Isroil xalqining o‘n ikki qabilasi nomlari yozilgandi. Darvozalarning uchtasi sharqda, uchtasi shimolda, uchtasi janubda va uchtasi g‘arbda joylashgan edi. Shahar devorlarining o‘n ikkita poydevori bor edi. Poydevorlarga Qo‘zining o‘n ikki havoriysi ismlari yozilgandi. Menga gapirgan farishtaning qo‘lida oltin chizg‘ichi bor edi. Bu chizg‘ich shaharni, uning darvozalariyu devorini o‘lchash uchun edi. Shahar to‘rtburchak shaklda bo‘lib, uzunligi bilan eni bir xil edi. Farishta chizg‘ichi bilan shaharni o‘lchadi, shaharning eni 12.000 o‘q otimi ekan. Uning uzunligi bilan balandligi ham shunday edi. So‘ng farishta shaharning devorini o‘lchadi. Devorning balandligi 144 tirsak chiqdi. Farishta insoniy o‘lchovdan foydalangandi. Shahar devori yashma toshidan qurilgandi. Shaharning o‘zi esa shishaday tiniq, sof oltindan edi. Shahar devorlarining poydevorlari turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi: birinchi poydevor yashmadan, ikkinchisi ko‘k yoqutdan, uchinchisi agatdan, to‘rtinchisi zumraddan edi. Beshinchisi aqiq, oltinchisi la’l, yettinchisi xrizolit, sakkizinchisi berill, to‘qqizinchisi topaz, o‘ninchisi zabarjad, o‘n birinchisi lojuvard, o‘n ikkinchisi ametistdan edi. O‘n ikki darvoza o‘n ikki marvariddan iborat edi. Har bir darvoza bitta marvariddan yasalgan edi. Shaharning shoh ko‘chasi sof oltindan bo‘lib, shishaday musaffo edi. Men bu shaharda Ma’bad ko‘rmadim. Zotan Qodir Xudo — Egamizning O‘zi va Qo‘zi shaharning Ma’badidir. Shaharni yoritish uchun quyoshga yoki oyga ehtiyoj ham yo‘q. Chunki Xudoning ulug‘vorligi uni yoritadi, Qo‘zining O‘zi uning chirog‘i bo‘ladi. Xalqlar shaharning nurida yurishadi. Yer yuzi shohlari unga o‘z boyliklarini keltirishadi. Shahar darvozalari kun bo‘yi yopilmaydi, u yerda tun bo‘lmaydi. Xalqlarning ulug‘vor xazinalari unga kiritiladi. Lekin hech qanday harom narsa, jirkanch ishlar qiladigan yoki yolg‘on gapiradigan bironta kishi unga kirmaydi. Faqat Qo‘zining hayot kitobida yozilganlar kiradilar. Farishta menga billurday tiniq, hayotbaxsh suvlar daryosini ko‘rsatdi. Bu daryo Xudoning va Qo‘zining taxtidan chiqib, shahar ko‘chasi bo‘ylab oqayotgan edi. Daryoning ikkala qirg‘og‘ida ham hayot daraxti bor edi. Bu daraxt yilda o‘n ikki marta, har oy hosil beradi. Daraxtning barglari xalqlarga shifo baxsh etadi. La’nat degan narsa u yerda qolmaydi. Shaharda Xudoning va Qo‘zining taxti bo‘ladi, Xudoning qullari Unga xizmat qiladi. Ular Xudoning jamolini ko‘radi. Xudoning ismi ularning peshanalariga yoziladi. U yerda boshqa tun bo‘lmaydi. Chiroqqa ham, quyoshga ham ehtiyoj qolmaydi. Axir, Egamiz Xudo ularga nur sochadi, ular esa to abad hukmronlik qiladi. Farishta menga shunday dedi: — Bu so‘zlar ishonchli va to‘g‘ridir. Payg‘ambarlarni ruhlantirgan Egamiz Xudo O‘z qullari oldiga farishtasini yubordi. Toki farishta yaqin orada yuz berishi muqarrar bo‘lgan voqealarni ularga bildirsin. “Men tezda kelaman! Bu kitobning bashorat so‘zlariga Amal qilganlar baxtlidir!” Men, Yuhanno, bularni ko‘rdim va eshitdim. Bularni ko‘rib eshitganimdan keyin, bu narsalarni menga ko‘rsatgan farishtaga sajda qilmoqchi bo‘lib, o‘zimni uning oyoqlariga tashladim. Ammo u menga dedi: — Zinhor bu ishni qilma! Men sening hamkoringman, shuningdek payg‘ambar birodarlaringning va bu kitobdagi so‘zlarga rioya qiluvchilarning hamkoriman. Xudoga sajda qil! Keyin menga yana shunday dedi: — Bu kitobning bashorat so‘zlarini sir saqlama, chunki vaqt yaqindir. Badkirdorlar yomonligini qilaversin. Ifloslar iflosligini davom ettiraversin. Solihlar esa to‘g‘ri ish qilishdan to‘xtamasin, muqaddas odamlar o‘zini muqaddas saqlasin. “Men tez kelaman, mukofotim O‘zim bilan. Har kimga qilmishiga yarashasini beraman. Men Ibtido va Intihodirman, Birinchi va Oxirgi, Boshi va Poyonidirman.” Kiyimlarini yuvganlar naqadar baxtlidir! Ular hayot daraxti mevasidan yeyishga, shahar darvozalaridan kirishga haqli bo‘ladilar. Hamma “ko‘ppaklar” esa: jodugarlar, buzuqlar, qotillar, butparastlar, yolg‘onga ruju qo‘yib, hiyla ishlatganlar tashqarida qoladilar. “Men, Iso, O‘z farishtamni oldingizga yubordim, Toki u bular to‘g‘risida jamoatlarimga shahodat bersin. Men Dovud ildizidan chiqqan Zotdirman, uning zurriyotiman, Yorug‘ tong yulduziman.” Ruh ham, kelin ham: “Kel!” — deb chorlayapti. Eshitgan kishi ham: “Kel!” — deb aytsin. Kim chanqagan bo‘lsa, kelsin. Kim xohlasa, hayotbaxsh suvdan tekin bahra olsin. Bu kitobning bashorat so‘zlarini eshituvchi har bir kishini ogohlantiraman: kimda–kim bu so‘zlarga biror narsa qo‘shsa, Xudo ham o‘sha kishining jazosiga bu kitobda yozilgan balolarni qo‘shadi. Kimda–kim bu kitobdagi bashorat so‘zlaridan birortasini chiqarib tashlasa, Xudo ham o‘sha kishini bu kitobda yozilgan hayot daraxtidan mahrum qilib, muqaddas shahardan chiqarib tashlaydi. Bu gaplarning Shohidi: “Ha, Men tez kelaman!” — deb aytmoqda. Omin! Yo Rabbimiz Iso, kelgin! Rabbimiz Isoning inoyati barchangizga yor bo‘lsin.